OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (III- kitob, II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm282KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (III- kitob, II- qism)
Tohir Malik

IX bob

1

Qora xotin oʻsha kech boshqa koʻrinmadi.

Zaynab onasi bilan gaplashib boʻlgach ham goʻshakni ancha mahalgacha joyiga qoʻymay ushlab turdi. Dahshatli, xunuk manzaralar chekinib, koʻz oldida onasining ma’suma uzori paydo boʻldi. Xayoli koʻzgusida gavdalangan onasi unga uzoq tikildi. Soʻng sirtmoqqa aylangan, bir shirin jonni olmoqqa shaylangan arqonga qoʻl uzatdi:
— Tashla buni, qizim... bu nima qilganing?
— Oyijon, endi men chidolmayman.
— Unday dema, bolam, meni oʻylamasang ham Xudodan qoʻrq. Xudo kechirmaydi bu gunohingni...
— Xudo nima uchun meni bu azobga soldi? Balki mening oʻlimimni Xudoning oʻzi istayotgandir? Ha... xohlayapti... «Ota rozi — Xudo rozi», deyishadi-ku? Arqonni adam tashlab ketdilar. Adamlardan xafa emasman. Toʻgʻri yoʻlni koʻrsatdilar.

Manzura javob bermay, yerga qaradi. Agar bu suhbat Zaynabning xayolida, gʻoyibda emas, haqiqatda, yuzma-yuz ravishda sodir boʻlgandami edi. Manzura qizining aytganlariga raddiya bildirardi. Manzura garchi bu masaladagi shariat yoʻrigʻini bilmasa-da, Tangri bandalariga bunday oʻlimni ravo koʻrmasligini tushuntirishga harakat qilardi.

Hozir esa Zaynab bu masalani anglamagani uchun ham xayolidagi suhbatda onasidan javob ololmadi. Oʻz fikrini toʻgʻri, deb hisob qildi.
— Oyijon, ayollar nima uchun yashaydi oʻzi bu dunyoda? Xor boʻlib umr kechirish, keyin xor boʻlib oʻlib ketish uchunmi? Siz nima koʻrdingiz? Siz uchun bu dunyoning rohati nimada?

Bu savol yuzma-yuz holatda berilganida Manzura hech ikkilanmay «Mening rohatim — siz, Xudo bergan farzandlarim», degan boʻlardi. Bu dunyoda ayol zoti uchun Ollohning eng ulugʻ marhamatlaridan biri — farzand ekanini Zaynab hali toʻla anglab yetmaydi. Agar bolasi nobud boʻlmay, uni bagʻriga bosa olganida edi, chaqaloq mammasiga talpinganida edi, bu rohatni, bu ulugʻ baxtni his etgan boʻlardi. Hozir bu hisga begonaligi uchun onasining baxti nimada ekanini ham aniq bilmaydi. Bilmagani uchun ham xayolidagi savolga javob ololmaydi.

Bir necha soniyalik sukutdan soʻng koʻz oldidagi onasining surati yana tilga kirib, endi oʻziga hush yoqadigan soʻzlarni aytdi:
— Sen bolaligingda Kumush boʻlishni orzu qilar eding.
— Orzu qilardim, oyijon...
— Kumush zaharlangan edi-ku, shuni oʻylamabmiding?
— Ha... zaharlangan edi...
— Oʻzbek oyim qora kiygan edi-ku...
— Ha, qora kiygan edi...
— Zaharlangan Kumush qayta tirilar, deb oʻyladingmi?
— Oʻyladim, oyijon...
— Oʻzbek oyim qora libosini tashlaydi, motam kunlari tugadi, deb xayol qildingmi?
— Xayol qildim, oyi...
— Adashding, qizim, Kumush zaharlangan...
— Zaharlangan oyi, menimcha, dunyodagi ja’miki pok narsalar zaharlangan. Endi eng toʻgʻri yoʻl — sirtmoq...
— Jon qizim, meni tiriklayin oʻtga tashlama...
— Sizni oʻylasam... bu oʻtda oʻzim yonishim kerak...
— Jon qizim...
— Oyijon, balki bu dunyo mensiz goʻzal boʻlib ketar?
— Unday dema, qizim... Sensiz dunyo men uchun bir xarobazorga aylanadi. Mening shu xarobazorda xor boʻlib oʻlishimni istaysanmi?
— Oyijon, bir kitobda oʻqiganman. Oʻlim — bu dunyoning eng ulugʻ mukofoti boʻlishi mumkin ekan. Men shu mukofotga loyiqman-ku?..
— Yoʻq, qizim...

Shu onda, hech kutilmaganda darvoza eshigi taraqlab ochildi.
— Zaynab!

Avvaliga choʻchib tushgan Zaynab otasining ovozini eshitib, quloqlariga ishonmadi. Ichkari yugurib kirib, hovli oʻrtasida toʻxtagan Asadbekni koʻrib, koʻzlariga inonmadi. Bir qoʻlida goʻshak, bir qoʻlida sirtmoqli arqon ushlaganicha qotib turaverdi.
— Zaynab!!

Asadbek atrofiga olazarak boqdi. Hovlida odam oʻzini osishi mumkin boʻlgan daraxtlar, ayvon panjaralarining boʻshligi koʻnglini bir oz tinchlantirsa-da, xavotiri chekinmadi.
— Zaynab!!!

Bu safar javob kutmay, uy tomon ildam yurdi. Dahlizda toʻxtamadi. Avval yotoqxona eshigini ochdi. Keyin mehmonxona eshigini ochdi-yu, tosh qotdi.

Ota-bola bir-birlariga boqqanlaricha bir necha nafas turdilar. Asadbek koʻrayotgani roʻyo emasligiga, qizi tirik holda turganiga ishonch hosil qilgach, ogʻir qadamlar bilan ichkari kirdi. Qizining qoʻlidagi arqonni yengil siltab oldi-da, bilagiga oʻradi.

Zaynab hukm bekor qilinganini angladi. Ammo nimaning evaziga marhamat qilinganini bilmadi. U otasidagi farzandga boʻlgan mehr nomus kuchidan ham a’loroq ekanini bilmas, buni fahm ham eta olmas edi. Zaynabning nazarida otasi unga oʻlimni ravo koʻrganida ming marta haqli edi. Endi esa... hukm bekor boʻldi. Endi otasiga qaysi bet bilan roʻpara keladi? Oʻz koʻzi bilan koʻrmaganida ham, birovdan eshitganida ham mayli edi... Zaynab otasining hammomdagi manzarani ham koʻrganini bilmaydi. Bilsami...

Agar qizini erkalab katta qilgan Kesakpolvon shu vaziyatga tushganida ham farzandini, ham oʻzini ovutadigan gaplarni aytishga harakat qilgan boʻlardi. Bunday gaplarni topolmagan taqdirda «Hammasining urugʻini quritaman. Sen ranjima, oʻtgan ishga — salavot» deb qoʻyardi. «Hammasining urugʻini quritish» ahdi Asadbekda ham bor. Qizini ovutish istagi ham mavjud. Lekin u shu paytgacha ahdini ovoza qilmagan, shu paytgacha qizini erkalamagan, ranjitganida esa ovutmagan.

Agar Zaynabning oʻrnida Kesakpolvonning qizi boʻlganida otasining yelkasiga osilib oʻkrab yigʻlardi, tavbalar qilardi, aybdorlarni «ogʻzilaringdan qonlaring kelsi-in», deb qargʻarmidi... Lekin Zaynab boshqa... U otasi bilan sira oʻpishib koʻrishmagan, oʻpishib xayrlashmagan. Boʻyi yetib qolganidan soʻng otasiga erkalik qilganini ham eslamaydi.

Har qancha erkaligi, har qancha injiqligi boʻlsa onasiga qilardi. Onasi koʻtarardi.

Hozir Manzuraning yoʻqligi Zaynabga ham, Asadbekka ham bilindi. Indamaygina uy ishlari bilan mashgʻul yuruvchi bu ma’sumaning oʻrni sezildi. Manzura ikkovi ham suyanadigan togʻ ekan. Togʻ oʻrnidan jilib, ikkovi ham yiqilish xavfida tebranib qoldi. Yaratganning qudratini qarangki, ayni chogʻda uch qalb hamohang ravishda bezovta tepardi. Uzoq Olmon yeridagi behalovat yurak bu xonadagi ikki poralangan dil orasida vositachi edi. Bu ikki qalbning faryodini Manzuraning yuragi eshitardi. Ammo oraliq masofa uni chorasizlik jari naryogʻida ushlab turardi. Dillar soʻzlamoq imkoniga ega boʻlganlaridami edi, bu ondagi nolalardan zamin erib ketarmi edi.

Bolaligi, yoshligida qalb nolalaridan charchagan Asadbek bir necha sana rohat bulogʻidan suv ichdi. Koʻpdan beri nolaning achchiq suvidan totib koʻrmagan edi. U boshqa qalblarning nolalarini eshitmasdi.

Aniqrogʻi, tinglashni xohlamas edi. Hozir, oʻzi azob chekib turgan paytda «Men qancha odamlarni shu dardga giriftor etdim. Qancha odam shu dard bilan bu dunyoni tark etib ketdi», deb oʻylamadi. Ayni damda qizini tirik koʻrib Tangriga shukur ham qilmadi. Iziga qaytayotganida — xayolan ming bir koʻchaga kirib chiqar chogʻida Xudoni eslagan edi. Qizini tirik koʻrgan taqdirda unga aytadigan gaplarini xayolida pishitgan edi. Ostona hatlab, bir qoʻlida sirtmoq, bir qoʻlida telefon goʻshagini ushlab turgan qizini koʻrgani zamon hammasini unutdi. Nimadir demoqchi boʻldi — gapirolmadi. Tili shishib, ogʻzini toʻldirib turganday qimirlamadi.

Otasining qaytishini sira kutmagan, yoʻqlik dunyosi sari uchishga hozirlanayotgan Zaynab ham bir nima demoqqa ojiz edi. Ammo bu jonsiz sukunat uzoq davom etishi mumkin emasdi. Zaynab otasining koʻzlariga boqishga botinmagan holda, yerga qaraganicha:
— Oyim telpon qildilar, — dedi.

Uning pichirlab aytgan gaplari Asadbekning qulogʻiga «Ada, men tirikman!» degan ma’noda jaranglab urilib, bir seskandi. Shu gapdan keyingina «Xayriyat, Xudoga shukr», deb qoʻydi.

Soʻng:
— Yur uyga, — dedi. Uning ovozida amr emas, uzrli yalinish ohangi bor edi. Zaynab uchun bu ohang mutlaqo yangilik edi. Otasiga bir qarab olib, goʻshakni joyiga ildi. Asadbek qizini ovutish uchun nimadir deyishga oʻzida majburiyat sezdi. Oʻsha «nimanidir»ni aytdi:
— Men hammasining qonini ichaman.

Bu soʻzlarni Asadbekka xos ohangda aytdi. Bu ahdni eshitgan Zaynab yalt etib otasiga qaradi.
— Yoʻq, oʻldirmang, — dedi. Soʻng ovozini bir parda koʻtargan holda izoh berdi: — Oʻlim ular uchun xaloskor...

Asadbek qizining gapidan ajablandi. Toʻgʻrirogʻi, titroq ovozning ohangi u uchun yangilik boʻldi. Zaynabning keyingi ahdi esa uni yanada hayron qoldirdi:
— Ularni oʻzimga qoʻyib bering!

Kim aytyapti bu gaplarni? Ma’suma qizimi? Bu qanday ahd? Bir necha daqiqalik alam tutunimi yoinki qasos oʻtimi? Asadbek «Nima qilmoqchisan?» deb soʻramadi. Qizining ahdi unga shunchaki alam tutuni boʻlib tuyuldi. U bir necha daqiqa muqaddam bu uyda pokiza Kumush osilganidan bexabar, Zaynab oʻzini emas, dilidagi Kumushni, unga qoʻshib ishonchini, gardsiz e’tiqodini osganini bilmas edi. Buni his ham qilolmasdi. Chunki qizining ruhiy olami ota uchun begona edi. Kumush osilgach, bu xonada boshqa Zaynab dunyoga keldi. Iblis uning qalbidagi sururni siqib chiqarib, zulm nafasini ufurdi. Hayotning shafqatsiz panjalari oldida Zaynabning tuygʻulari, umidlari taslim boʻldi. Shoʻr yerda sunbul bitmaganidek, yovuzlik olamiga umid urugʻini ekib boʻlmaydi. Zaynab bunga endi uzil-kesil ishondi.
— Ularni oʻzimga qoʻyib bering!

Takror aytilgan bu gapda endi qat'iylik zuhur edi.
— Yur uyga, — dedi Asadbek ostona sari chekinib.
— Ularni menga qoʻyib berasiz, a?

Asadbek «Bu qizlarning ishi emas», demoqchi boʻldi-yu, qizining shashtini qaytarishdan oʻzini tiydi. Bosh irgʻab, tasdiq ishorasini qilgach, dahlizga, undan hovliga chiqdi. Zulm libosini oʻziga ma’qul koʻrgan Zaynab otasiga ergashdi.

2

Zaynabning nazarida ichiga bir necha ilon kirib olib buralayotganday edi. Oʻqchiq uni tamoman holdan toydirdi. Azob iskanjasida boʻlganida Mardona koʻziga yana farishtaday koʻrindi. Hatto bir necha marta telefon goʻshagini koʻtarmoqchi boʻldi. Ammo oʻzini tezda qoʻlga oldi. Mardonaga nisbatan uygʻongan nafrat va zulm oʻti azob otashidan ustun keldi.

Oʻzi bilan oʻzi olishib yotgan damda Chuvrindi kirib keldi. Otasining yaqin a’yoniga nimaga muhtoj ekanini ayta qolsa masala hal edi. Biroq, u aytmadi. Bu dardni yengmoqlik ahdi bor edi, bu ahdiga xiyonat qilmadi. Tishini tishiga qoʻyib, ingraganicha qolaverdi. U Chuvrindining yomon xabar bilan kelganini sezmadi. Dard xurujidan xoli boʻlganida Mahmud akasining koʻziga qaraboq noxushlik yuz berganini anglarmidi...

Oradan qancha fursat oʻtganini bilmadi. Ichidagi «ilon»larning navbatdagi qoʻzgʻalishidan soʻng koʻzini ochib qarasa — bir ayol oʻtiribdi. Avvaliga uni keyingi kunlarda ta’qib etayotgan qora xotin deb oʻyladi. Keyin fikri bir oz ravshanlashib, Chuvrindining xotinini tanidi. Koʻrishmoq uchun oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻldi.
— Asti urinmang, qoqindiq. Koʻzikkanga oʻxshaysiz, — u shunday deb esnadi. — Voy oʻlsin-ey, qaysi betamizning koʻzi tekkan ekan? Suq degani yomon narsa-da. Bu atrofda kinnachi yoʻqmikin?
— Bilmadim... yoʻq boʻlsa kerak.
— Toʻxtang, boʻlmasa... — u shunday deb oshxonaga chiqdi-da, dam oʻtmay gugurt qutisini koʻtarib kirdi. Soʻng qutini Zaynabning peshonalariga, koʻkragiga bosib, oʻzicha kinna soldi. Keyin uchta choʻpni chiqarib yoqdi-da, Zaynabning boshi uzra aylantirib, ogʻziga yaqin tutdi: — Puflab oʻchiring, qoqindiq. Ana endi turing.

U Zaynabni hovliga boshlab chiqib, oʻrik daraxtiga yaqinlashdi.
— Shu daraxtni mahkam quchoqlang. «Xudo, dardimni ol!» deng.

Zaynab itoat bilan amrni bajardi.
— Dardingiz shu daraxt orqali yerga oʻtib ketadi. Ana, ancha yengillashdingizmi?

Ishonch bilan aytilgan bu gapdan soʻng chindan ham bir oz yengillashganday boʻldi.

Uyga kirgach, bir oz gaplashib ham oʻtirdi. Ularning suhbatlarini telefon jiringi buzdi. Zaynab bemajol qoʻli bilan goʻshakni koʻtarib qulogʻiga tutdi-da, xasta ovozda «alyo», dedi. Qoʻngʻiroq qiluvchining ovozini eshitgach, bir titradi-yu, goʻshakni qoʻlidan tushirib yubordi.
— Voy qoqindiq, nima boʻldi? — dedi Chuvrindining xotini jon holatda.

Zaynab javob bermadi. Lablari titrab, gapirolmadi. Chuvrindining xotini goʻshakni qulogʻiga tutib:
— Alyo, kimsiz, nima gapingiz bor? — dedi. Qisqa du-dudutlashni eshitib, goʻshakka pufladi. Har ehtimolga qarshi: — Gapiring, — dedi-yu, soʻng goʻshakni joyiga ildi, — Zaynabxon, kim ekan, nima dedi?
— Elchin akamni...
— Nima boʻpti?
— Kimdir otib ketibdi.
— Voy oʻlmasam... — U shunday deb bir oz gangib turdi-da, keyin telefon goʻshagini koʻtarib, uyiga qoʻngʻiroq qildi. Oʻgʻlidan «Adang keldilarmi?» deb soʻradi. «Yoʻq», degan javobni eshitgach, Asadbekning boloxonasidagi yigitlarga qoʻngʻiroq qilib, ularga «yangilik»ni bildirdi. «Akangizni qaerdan boʻlsa ham toping», deb topshirdi.

Zaynab itoat bilan amrni bajardi.
— Dardingiz shu daraxt orqali yerga oʻtib ketadi. Ana, ancha yengillashdingizmi?

Ishonch bilan aytilgan bu gapdan soʻng chindan ham bir oz yengillashganday boʻldi.

Uyga kirgach, bir oz gaplashib ham oʻtirdi. Ularning suhbatlarini telefon jiringi buzdi. Zaynab bemajol qoʻli bilan goʻshakni koʻtarib qulogʻiga tutdi-da, xasta ovozda «alyo», dedi. Qoʻngʻiroq qiluvchining ovozini eshitgach, bir titradi-yu, goʻshakni qoʻlidan tushirib yubordi.
— Voy qoqindiq, nima boʻldi? — dedi Chuvrindining xotini jon holatda.

Zaynab javob bermadi. Lablari titrab, gapirolmadi. Chuvrindining xotini goʻshakni qulogʻiga tutib:
— Alyo, kimsiz, nima gapingiz bor? — dedi. Qisqa du-dudutlashni eshitib, goʻshakka pufladi. Har ehtimolga qarshi: — Gapiring, — dedi-yu, soʻng goʻshakni joyiga ildi, — Zaynabxon, kim ekan, nima dedi?
— Elchin akamni...
— Nima boʻpti?
— Kimdir otib ketibdi.
— Voy oʻlmasam... — U shunday deb bir oz gangib turdi-da, keyin telefon goʻshagini koʻtarib, uyiga qoʻngʻiroq qildi. Oʻgʻlidan «Adang keldilarmi?» deb soʻradi. «Yoʻq», degan javobni eshitgach, Asadbekning boloxonasidagi yigitlarga qoʻngʻiroq qilib, ularga «yangilik»ni bildirdi. «Akangizni qaerdan boʻlsa ham toping», deb topshirdi.

Noxush xabar Zaynabning ichidagi ilonlarni yana uygʻotib, harakatga keltirdi. Azobga chiday olmay, gʻujanak boʻlib oldi. Xotin nima qilishini bilmay hayron turganida eri kirib keldi. Chuvrindi xotinining «vahimali» xabarini xotirjam tarzda eshitib, Zaynabga achchiq-achchiq famil choy berishni tayinladi-da, chiqib ketdi. Shu ketganicha ertalab tabibni boshlab keldi.

Sochlari jingalak, rangi oq-sariqqa moyil, koʻzlari oʻtkir boquvchi tabib yigit «Nima gap? Qaeringiz ogʻriyapti?» deb ham oʻtirmay avval Zaynabning ikki kaftini koʻrdi, tirnoqlarini ohista ezdi, soʻng bilak tomirini ushlab, boshini quyi egganicha, nimanidir ziyraklik bilan tinglayotganday jim qoldi. Ikki daqiqa shunday oʻtirib, soʻng tilga kirdi:
— Yaqinda farzandlari nobud boʻlibdi.

Bu gapni eshitib, er-xotin bir-birlariga ajablangan holda qarab qoʻyishdi. Chuvrindi tabibga bu haqda gapirmagan edi, shu sababli ham hayratlandi. Oʻzicha «Buni bekorga maqtashmagan ekan», deb qoʻydi.
— Yurak charchabdi, — deb davom qildi tabib, — qonga begona moddalar aralashgan. Ammo... koʻp emas, xavotirli joyi yoʻq. Yaqinda boshlabdilar. Qonni tozalash mumkin.

Tabib qoʻygan tashxis Chuvrindiga ma’qul tushdi. «Bek akamni ham shunga koʻrsatsam boʻlar ekan», deb oʻyladi. Tabib sumkasini ochib undagi xaltachalardan bir chimdim-bir chimdim quritilgan giyohlar olib, qogʻoz ustiga toʻkdi-da, Chuvrindining xotiniga uzatdi.
— Yanga, shuni uch litrli suvda qaynatib, soʻng damlab qoʻying. Keyin suzib, yuz grammdan toʻrt mahal ichirasiz. Bugun-erta dard qoʻzgʻaladi. Uchinchi kuni ogʻriq pasayib, yoʻq boʻladi. Sut-qatiq bermay turasiz,— shunday degach, Zaynabga oʻgirildi: — Qani, singlim, turing-chi...

Zaynab zoʻrgʻa oʻrnidan turib, tabib koʻrsatgan kursiga oʻtirdi. Orqa tomonda turgan tabibning nima qilayotganini bilmadi, ammo yelkalari qiziy boshlaganini sezdi. Dam oʻtmay, butun badani qizidi. Xuddi yoz chillasida quyosh nuriga orqa qilib oʻtirgan kabi terlay boshladi. Shu alpozda ogʻriqdan xalos boʻlayotganday tuyuldi. Tabibning «Yengillashdingizmi?» degan savolini eshitib, bosh irgʻab tasdiq ishorasini qildi. Keyin tabibning amri bilan joyiga yotdi. Tabib chakkalariga, bilaklariga, koʻkraklariga soch tolasiday ingichka tilla ignalar qadagach, yanada yengillashib, uyquga ketganini oʻzi ham sezmay qoldi. Uygʻongach, Chuvrindining xotini bir piyoladagi taxir ichimlikni ichirdi. Koʻngli bir agʻdarilib oʻqchidi, ammo qayt qilmadi.
— Akangiz kasalxonaga borib kelibdilar. Elchin akangiz ancha tuzuk ekanlar. Xavotir olmang. Sal tuzalib oling, keyin koʻrgani boramiz. Akangiz «Bir-ikki kunda tuzalib, chiqib qoladi», deydilar. Yaralari yengil ekan.

Chuvrindi unga bunday demagan edi, Zaynabni tinchlantirish uchun oʻzidan qoʻshdi.

Ana shu paytda ikki notanish odam kelib, oʻzlarini «Militsiyadanmiz», deb tanishtirishgach, Zaynabni soʻroqqa tutishdi. Zaynab oʻzini yengilroq his qilgani bilan, boshi garang edi. Shu bois ularning savollariga qisqagina qilib, «Ha», «Yoʻq» yoki «Bilmayman», deb javob qildi. Ular Elchinning kecha soat nechada chiqib ketgani, dushmanlari bor yoki yoʻq ekani bilan koʻproq qiziqishdi. Bittasi «Uydan mashinada chiqqanmidilar yo mashinasizmi?» deb soʻraganida darrov javob bera olmadi. Shu savoldan soʻng fikr olami sal yorishganday boʻldi. Erining mashinasiz ketgani aniq yodida. U «Usta keladi, mashinani ustaxonaga olib boramiz», deb kutib oʻtirganida telefon jiringlagan edi. Kim bilandir gaplashib, «Xoʻp», dedi-yu kiyimlarini almashtirdi. Keyin «Usta kelsa, kalitni ber, ustaxonaga oʻzi olib boraversin», dedi. Kalitni... televizor ustiga qoʻydi...

Zaynab shuni eslab, televizor tomonga qarab oldi: kalit joyida turibdi! Zaynab ertalab darvozaxonada mashina yoʻqligini bilib, «Usta qachon kelibdi?» deb oʻylagan edi. Hozir esa «Kalitsiz mashinani kim haydab chiqibdi?» deb oʻyladi. Keyin... eng muhimini esladi: Elchin chiqar mahalida «Adang chaqirayotganmishlar, borib kelay-chi...» degan edi! Zaynabning xayoliga «Adam?!» degan fikr chaqmoq oʻti kabi bir urildi-yu, ammo darrov soʻndi. «Yoʻq, — dedi u oʻziga oʻzi, — nega endi... Yoʻq, boʻlmagan gap!»

Zaynabga tikilib turgan ikki juft koʻzlardan biri uning televizor tomon qarab qoʻyganini sezdi. U ham qaradi — shoda kalitni koʻrdi. Ammo sir boy bermay yana soʻradi:
— Eslay olmayapsizmi?

Berilgan savolni unutib, xayolning boshqa qorongʻu koʻchalariga kirib tentiray boshlagan Zaynab unga ajablanib qaradi:
— Nimani?
— Men sizga savol berdim: eringiz mashinada chiqdimi yo piyoda ketdimi?
— Nega endi piyoda ketarkanlar?
— Men ham shuni soʻrayapman. Aniq ayting.
— Moshinada ketganlar.
— Biz uyingizni bir qarab chiqishimiz kerak. Mana, prokurorning ruxsatnomasi, — soʻroq qilayotganlarning biri choʻntagidan toʻrt buklogʻlik qogʻoz chiqarib, uzatdi.

Zaynab qogʻozga qarab qoʻydi-yu, qoʻliga olmadi:
— Nega? — dedi hayrat bilan.
— Qoidamiz shunaqa: bir qarab chiqishimiz kerak. Guvohlik uchun ikkita qoʻshningizni ham chaqiramiz.

Bu gapdan keyin Zaynab yangasiga qaradi. Chuvrindining xotini suhbatga aralashmogʻi lozim ekanini fahmladi:
— Qoidangiz qiziq ekan-ku?! Otgan odamni qidirmay, otilgan odamning uyini titasizlarmi?
— Siz oʻzi kim boʻlasiz? — dedi tergovchilardan biri, gʻashi kelganini yashirmay.
— Men kennayilariman. Hozir akalarini chaqiraman. Oʻsha kishi bilan gaplashasiz. Ruxsat bersalar tintiysiz, boʻlmasa yoʻq.
— Biz ruxsatni akalaridan emas, prokurordan olamiz.
— Prokuroringiz ishxonangizda prokuror. Bu uyning prokurori boshqa, — u shunday deb telefon goʻshagini koʻtardi-da, Asadbekning boloxonasida oʻtirgan yigitlarga qoʻngʻiroq qildi: — Allo, Asadbek akaning uylarimi? Bek akangizga ayting, qizlarinikiga milisa kelib oʻtiribdi. Oʻzlari kelmasalar ham Mahmudjon akangiz tezda yetib kelsinlar.

Goʻshakni joyiga qoʻygach, gaplarim bularga ta’sir qildimi yo yoʻqmi, deb ularga qarab qoʻydi.

Ular kimning uyiga kelishayotganini bilishgan edi. Tintuv haqida topshiriq beruvchi «Qarshilik qilishsa qattiq turmanglar», deb vazifani osonlashtirgan edi. Hozir Asadbekka xabar ketganida ular bir-birlariga «Nima qildik?» degan ma’noda qarab oldilar.
— Yaxshi, akalarini kutsak kutarmiz, — dedi ulardan biri, sir boy bermay. — Tashqariga chiqib turamiz.

Ular chiqishgach, Zaynab oʻrnidan turib televizorga yaqinlashdi-da, kalit shodasini qoʻliga oldi. Kalitlar xuddi qizib turganday, kaftini kuydirganday boʻldi. Shu bois shoshib, kalitlarni choʻntagiga soldi.

Koʻp fursat oʻtmay, hovlida Chuvrindi koʻrindi. Kutilmagan mehmonlar bilan nima haqdadir suhbatlashdi. Keyin izn berdi shekilli, ular hovlini aylanib, oshxonaga, hojatxonaga bir-bir moʻralab, «tintuv» qilishgach, izlariga qaytishdi.

3

Zaynab bu voqeani ham, oʻsha xotinning gaplarini ham unutib yuborgan edi. Nechundir hozir esiga tushdi. Qaysidir qarindoshinikidami edi yo tanishinikidami, yodida yoʻq, charlarida xotinlar davrasida erlarning buzuqligi haqida gap qoʻzgʻaldi. «Xotinlar ichmasa ham dasturxonni bezab turadi» degan fikrda qoʻyilgan shishalarning ogʻzi ochilgan, undagi shayton suvi ayrim ayollar qonini koʻpirtirgan, hayo pardalari yirtilib, til jilovi uzilgan edi. Zaynab oʻshanda ulardan nafratlanib chiqib ketgandi. Hozir esa ulardan birining gaplari yodiga tushdi.
— Erkak zotining palagi buzuq. Mana-man degani ham yuradi. Yurmasa... — U uyatsiz soʻzlar aytib, xoxolab kulgan, bu kulguga boshqalar ham qiyqirib qoʻshilishgan, Zaynab esa gʻashi kelib, oʻrnida bir qimirlab olgan edi.
— Pochcham ham yuradilarmi? — deb soʻragan edi bir ayol.
— Yurmay oʻlsinmi? Oʻynashdan kelganini shunday bilib turaman.
— Siz ham bittasini topa qolmaysizmi?
— Topaman. Lekin hozir emas. Xudo uni shol qilib qoʻysin. Onasi oʻpmagan quling oʻrgilsin bir yigitni olib kelib koʻzining oldida «qaytar dunyo» qilaman-da!..

Shu gapdan keyin Zaynab chiqib ketgan edi. Bir necha kun davomida «Oʻz erini shol boʻlishini istagan xotin bunchalar ahmoq ekan?» deb oʻylab yurdi. Garchi Elchinni sevmasa-da, garchi Elchin uning umid saroyini vayron etgan boʻlsa-da, «erim raqqosalari bilan maishat qiladi», degan gumonda yursa-da, uning shu kabi niyati yoʻq edi.

Toʻgʻri, Elchin yarim tunda toʻydan qaytgan kezlari uni oʻziga yaqinlashtirishni istamasdi. Garchi Elchin unga pokiza ekanini bir necha marta aytgan boʻlsa-da, uning bu gaplari Zaynabni mahv etgan gumon bulutlarini tarqatishga ojiz edi. Erini birov otib qoʻyganini eshitganda xayoliga kelgan birinchi fikr ham oʻsha gumon bulutidan suv ichdi: «Oʻynash talashib otgandir!..» Tergovchi «Dushmanlari yoʻqmidi?» deb soʻraganida shu gumonini aytib yuborishiga salgina qoldi.

Zaynab, tabib aytganiday, bir kecha-kunduz it azobini tortdi. Keyin dori ta’sir etib, ichidagi «ilon»-lar oʻldimi yoki chalajon boʻlib, uyquga ketdimi, harholda bezovta qilmay qoʻydi. Ishtaha kirib, yarim kosa achchiq mastava ichgach, peshonasida ter marjonlari paydo boʻldi. Shu kunlar ichi Zaynabning yonidan jilmagan, Zaynab tan azobini tortgan mahalda oʻzi ruh azobida qiynalgan Chuvrindining xotini yaxshilik tomon oʻzgarishni sezib, «Xudoga shukr» deb qoʻydi. Chuvrindining «Sal oʻziga kelsa telpon qil, erini koʻrishga borsin», degan gapini eslab, Zaynabdan:
— Qoqindiq, bi-ir bannisaga borib kelmaymizmi? — deb soʻradi. Uy bekasidan ijozat ishorasi boʻlgach, telefon goʻshagini koʻtarib Asadbekning boloxonasidagi yigitlarga maqsadlarini bayon qildi. Mashina kelguniga qadar yuvinib, taranib olish uchun Zaynab oʻrnidan turdi. Hammomdagi toshoynada oʻz aksini koʻrib, hayratdan qotdi.

Kim bu? Koʻzlari kirtaygan, sochlari pahmoq, nigohida hayot nishonasi boʻlmish — choʻgʻ qolmagan, yuzlari somon rangini olgan, kampirlik chegarasiga yaqinlashgan bu ayol kim?

Nahot shu ayol Zaynab boʻlsa?! Hali yigirma beshga yetmagan juvon deb kim aytadi? Tim qora koʻzlarining soqchilari boʻlmish uzun kipriklari kamon oʻqlariga aylanib, sevgi yogʻida qovrilayotgan yigitlar qalbini vayron qilardi, desa birov ishonarmikin?

Uzoq emas, bir yilgina muqaddam oʻzini toshoynaga solib «Kumush chiroyli boʻlganmikin yo menmi?» deb oʻylagan, oʻz Otabegiga yetishmoqni orzu qilgan qiz shumi?

Qarashidagi suluvlik qani?

Nahot, koʻzlaridagi surur nurini zulm pardasi batamom toʻsgan boʻlsa? Nahot bu parda umrining soʻngiga qadar gʻolib qolsa?

Zaynab «Shunchalik oʻzgarib ketdimmi?» degan ajablanish bilan toshoyna oldida uzoq turdi. Yuvinib chiqqach, yotogʻidagi toshoyna qarshisiga oʻtirib sochlarini taradi. Zaynabning husniga toʻymay «Oʻgʻlim kattaroq boʻlganida shu qizni kelin qilardim», degan armonda yuruvchi Chuvrindining xotini ham undagi oʻzgarishni koʻrib, «Bechoragina, soʻlib qoldi-ya...» deb achindi.

Hamshira ularni avvaldan taniganday iliq kutib olib, «Elchin aka bugun ancha yaxshilar», deganicha uzun dahliz boʻylab yurib, yoʻl boshladi. Dahlizning adogʻidagi eshikka yetishganida Chuvrindining xotini «Voy oʻlmasam!» deb qoʻydi. Zaynab «Nima boʻldi?» deganday unga qaradi.
— Yozuvini oʻqing, voy oʻlmasam...

Oʻz xayollariga bandi boʻlib kelayotgan Zaynab yozuvni oʻqidi: «Oʻliklarni tiriltirish xonasi».

Hamshira ayollarning ajablanganini sezib, kulimsiragan holda izoh berdi:
— Bir kuyunchak doʻxtir akamiz borlar. Hamma yozuvlarni oʻzbekchalashtirib chiqqanlar. «Reanimatsiya»ni shunaqa tarjima qilibdilar. Sal qoʻpolrogʻ-a? Koʻpchilikka gʻalati tuyulyapti.

Zaynab hozir bu tarjimaning qoʻpol yoki toʻgʻri ekanini mulohaza qiladigan holatda emas edi. Shu bois «Eshikni oching», deganday hamshiraga qaradi.

Hamshira «oʻliklarni tiriltirish xonasi» bekasiga ularni roʻpara qilib, oʻzi iziga qaytdi.

Burniga naycha ulangan Elchin koʻzlari yumuq holda yotardi. Unda hayot nishonasi sezilmas edi.
— Kechasi oʻzlariga keldilar. Hozir yana uyquga ketdilar. Krizis vaqti oʻtdi shekilli.

Bu gapni eshitib, Chuvrindining xotini:
— Hayriyat-e, Xudoning oʻzi saqlasin-ey, — deb qoʻydi.

Zaynab esa indamadi.

«...Xudo uni shol qilib qoʻysin. Onasi oʻpmagan quling oʻrgilsin bir yigitni olib kelib, «qaytar dunyo» qilaman...»

Zaynab unutib yuborgan oʻsha voqeani, oʻsha xotinning gaplarini shu damda, oʻzi uchun ham kutilmagan bir holda esladi. Esladi-yu, badaniga muz yugurdi.

Roʻparada yotgan, yuzlaridan qon qochgan, burniga ichakcha ulangan, koʻrinishidan tirikmi yo oʻlik ekani bilinmayotgan odam — uning tan mahrami. Bir yostiqqa bosh qoʻyganidan beri qalbini zarracha boʻlsin isita olmagan inson. Eng muhimi...

Eng muhimi...

Bir yil muqaddam Zaynabning dunyosi bir qoʻrgʻon kabi edi. Bu qoʻrgʻonga oʻzga kishilarning kirmogʻi mumkin emasdi. Kirish nima ekan, hatto moʻralab qaramogʻiga ham ijozat yoʻq edi. Uni Elchin buzdi. Ya’juj-ma’juj kabi bostirib keldi, buzdi, toptadi.

Avvallari bu qoʻrgʻonda mehr va umid gullari parvarish etilardi. Enli bu gullar quridi. Endi unda zulm va adovat tikonlari oʻsgusi...

Hozir ayni damda shu zulm va adovat tikonlari ilk nishona mevasini berdi: inson sifatida eriga rahmi kela boshlagan Zaynab birdan oʻzgardi — unga nafrat bilan tikildi. Soʻng... nafrat chekina bordi. Chalajon holdagi mehr nafratning mutlaq gʻolib kelishiga yoʻl bermadi. Oqibatda manfiy va musbat bulutlar toʻqnashuvidan yashin chaqnagani kabi ikki tuygʻuning olishuvidan ikki alanga hosil boʻldi. Tutun aralash, qora tusdagi alanga oʻsha xotinning sharmsiz gaplarini shivirlab aytib, vujudini kuydirdi. Koʻz oldiga oʻzining sharmandali holati kelib, seskanib ketdi. Nazarida Elchin koʻzlarini ochganday, «Sen shu darajada sharmandamisan?!» deb baqirganday boʻldi. Bu qarashning izidan «Sharmanda! Sharmanda!!» degan hayqiriq devorlarga urilib, aks-sado berganday tuyuldi. Bu hayqiriq Zaynabning nazarida butun kasalxonani ostin-ustun qilib yuborganday boʻldi. Yuzlari qizib yona boshladi goʻyo. U kaftlarini yuzlariga bosib, koʻzlarini yumib oldi.
— Kuyunmang, qoqindiq, uch-toʻrt kunda dard koʻrmaganday turib ketadilar, Xudo xohlasa...

Chuvrindining xotini aytgan gapni eshitdi.

Koshki edi kuyunsa... Koshki edi, dardiga malham boʻlish istagi mavjud boʻlsa...

Qora tusdagi alanga insonga xos tuygʻularni yamlab-yutishga intiladi.

Chuvrindining xotini aytgan gap esa oqish tusli alangaga moy boʻlib sepiladi. Bu alanga quvvat olib yuqoriga oʻrlaydi. Sharmandalik jari yoʻlini toʻsadi.

«Bu ham bir inson-ku? Qancha jabrlar chekdi. Endi bu azob ham bormidi? Krizis davri oʻtgani bilan tuzalib ketmasa-chi? Oʻlim oldida oʻziga kelgan boʻlsa-chi? Senga bir gapni aytishni istagan boʻlsa-chi?.. Balki... Seni deb otishgandir?.. Adang... nimaga chaqirtirgan edilar?..»

Kaftlarini yuzlariga bosganicha turgan Zaynab bu gaplarni kim shivirlab aytganini bilmadi. Faqat vujudini yondirayotgan alanganing pasayganini sezdi. Koʻzlarini ochib, barmoqlari orasidan eriga qaradi. Qaradi-yu, oʻrinda qora xotin yotganini koʻrib yana koʻzlarini chirt yumdi. Dam oʻtmay ochdi: yana oʻsha manzara!

Xotin tirjaydi:
— Agar eringga qaramasang, oʻzing shol boʻlib, azoblanib oʻlasan! — deb baqirdi.

Uning baqirigʻi butun kasalxona boʻylab aks-sado berganday boʻldi. Zaynab shoshib, yangasi bilan hamshiraga qaradi — ular xotirjam edilar.
— Kennayi, yuring, — dedi Zaynab yalinchoq ohangda.

Unga hamshiraning gapi dalda boʻldi:
— Ha, boraqolinglar, bu yerda koʻp turish mumkinmas.

Uyga qaytishganda Zaynabni unuta boshlagan ichidagi «ilon»lar yana qoʻzgʻalishdi. Dori ichganidan soʻng ham yengillik sezilmadi. Mehmonxonaga kirib, divanga behol oʻtirganida Chuvrindining xotini unga nasihat qildi:
— Hali oʻn gulingizdan bir gulingiz ochilmagan, qoqindiq. Dardga sira-sira yengilmang. Yosh juvon har qanday dardga uchraganda ham charaqlab turishi kerak. Gaplarimga tushunyapsizmi?

Zaynab «Tushunyapman... Lekin, xotin kishi azoblanganida ham tirjayib turishi kerakmi?» degan ma’noda unga qarab oldi.
— Xotin zoti eriga bepardoz koʻrinmasligi kerak. Sizga qarab hayron boʻlyapman. Yosh narsa uzzu-kun toshoyna oldida oʻtirsa ham aybi yoʻq. Siz sochlaringizga, qoshlaringizga qaramaysiz...
— Qoshimga? — Zaynab ajablanib, ixtiyorsiz ravishda barmoqlarini qoshiga tekkizdi. — Qoshimga nima qilibdi?
— Ozgina terdirib turish kerak. Hozir choy-poy ichvolaylik-da, keyin sartaroshxonaga boraylik. Tanish ustam bor, bip-binoyi qilib qoʻyadi.

Bir jihatdan Zaynabning qimirlashga holi yoʻq edi. Ikkinchi tomondan esa shu paytga qadar sartaroshxona ostonasini hatlamagan edi. Onasi pardoz-andozni oʻrniga qoʻymagani uchunmi, u ham bezanishga qiziqmas edi. Toʻgʻri, ikki yil avval havasga qoshini boʻyayotganida onasi koʻrib qolib, boshini sarak-sarak qilib chayqagan, «Voy, qizim-ey, qoshlaringni qiynab nima qilasan? Shu qalamsiz ham qoshlaring qopqora. Oʻzing, Xudoga shukr, chip-chiroylisan. Yuzlaringni boʻyasang, masxarabozga oʻxshab qolasan», degan edi. Onasining shu gaplari kifoya qilib, pardozga berilmadi. Faqat yangalarning zoʻri bilan nikoh toʻyi arafasida bir ozgina pardoz qilgan boʻldi. Oʻshanda xohlaganiga tegmayotgani uchun bezanishni istamagan edi. Hozir esa Chuvrindining xotini oʻsha xohlamaganiga chiroyli boʻlib koʻrinishga da’vat etyapti...
— Kennayi, hozirmas... keyinroq, — dedi Zaynab.
— Keyinga surib nima qilasiz?
— Endi odamlar... «Eri bunaqa yotib, oʻzi pardoz qilib yuribdi», deb gap qilishadi.
— Ha, odamlar gapiraverishadi, ularning nima ishlari bor ekan?
— Siz shunaqa deysiz-u...
— Mayli, qoqindiq, oʻzingiz bilasiz. Unda men uyimga borib kelayin.
— Rahmat, kennayi, boravering. Bugun ancha tuzukman, kelib ovora boʻlib yurmang.

Zaynab oʻzini majbur qilib jilmaydi. Chuvrindining xotini bu soxta jilmayish ortidagi dardni sezsa-da, indamadi.

X bob

1

Balo shamoli balo bulutini haydab kelgani kabi Sharif Namozov boshi uzra balo doʻli yogʻila boshladi.

Ertalab ishga otlangan damda yangi qurilgan darvozani kimdir taqillatdi, soʻngra javob kutmay baland ovozda «Sharif aka, hov Sharif aka!» deb qayta-qayta chaqirdi. Sharif «Hozir!» deb tashqariga chiqqanida yoʻqlovchi hovliga kirib boʻlgan edi. «Bunaqa sovuq menga choʻt emas», deganday yupun kiyingan, bir qoʻli shimining choʻntagida, bir qoʻlining barmoqlariga tutab turgan sigaret qistirgan yigit Sharifni koʻrib, jilmaydi. Sharif uni koʻriboq tanidi — bunaqa xunuk tirjayadigan odam dunyo boʻyicha bittadir, uni unutish ham mumkin emasdir. Yil boshida Qilich Sulaymonovning «marhamati» bilan qamoqxonada oʻtirganida uning yelkasiga avval besh, soʻngra oʻttiz ming soʻmni «ilgan», «Tilla tishing boʻlmasa kallangni sugʻurib olaman, besh mingga arziydimi oʻzi kallang?» deb poʻpisa qilgan bu nusxa ba’zan tushlariga ham kirardi.

Sharif «Bu nima qilib yuribdi? Uyimni qanday topib keldi?» deb oʻylashga ham ulgurmadi.

Yigit:
— Vey, paxan, uylar nishtyak-ku, a? Qoyilman, erkak, qoyilman, gap yoʻq! — deb soʻrashmoq uchun qoʻl uzatdi. — Shu koʻchaga yoʻlim tushib qoluvdi, paxanni bir koʻrib ketay, dedim. Bratanlar «Qadrdon boʻp qoluvdik, ja daraklari yoʻq», deb xapa boʻlishdi. Meni tanidingizmi, oʻzi?
— Tanidim, — dedi Sharif, ensasi qotganini yashirmay.
— Qoyilman! Pamyati zoʻr odamlarga besh ketaman. Men bratanlarga aytdim. «Paxan unutadigan tarvuzlardan emas», dedim. Bratanlar meni omonatni olib kelishga yuborishdi.
— Qanaqa omonat? — dedi Sharif ajablanib.
— Ie, paxan? — yigit ogʻzining tanobi qochdi. — Pamyatning bir chekkasini qurt yeganmi, a? Kennayashkaga ikki marta salomxatni kim yozuvdi? Bir marta besh kusok, keyingi safar oʻttizta. Ikkalasini qoʻshsak oʻttiz beshmi? Qachon berishing kerak edi? Yanvarda, a? Oʻn bir oy oʻtdimi? Har oyga yana beshdan qoʻshsak qancha boʻladi? Ellik beshmi? Optom hisoblasak, ellik beshga oʻttiz besh — toʻqsonmi? Mening chiqib kelishim oʻntaga tushdi. Endi okruglyat qilsak yuztagina kusok boʻlarkan.

Yigitning ishshaygan holda hisob-kitob qilishi Sharifning sabr kosasini toʻldirdi, beixtiyor jerkib yubordi:
— Nima deb valdirayapsan, kallang bormi oʻzi?

Ishshayib turgan lablar yana joyiga yigʻildi, ammo gʻazabdan titramadi. Gʻazab choʻgʻlari koʻzlariga koʻchdi. Yigitning oʻtli nazari Sharifning koʻkragini teshib oʻtganday boʻldi.
— Mening kallam yoʻq! — dedi u tahdidli ohangda. — Menga kallaning nima keragi bor? Menga pul kerak! Yuz mingni topib, sanab berish uchun kalla senga kerak!
— Menda buncha pul yoʻq, — dedi Sharif sal boʻshashib.
— Vinzavod direktorida yuz ming topilmas ekan, degan anekdotni eshitsa, odamlar baldet qilib qolishadi. Boʻpti, sen «Valdirama!» deding, gapni rezinka qilmayman. Eski oshnachiligimiz hurmati, senga kechgacha vaqt beraman. Kechqurun oltida kelaman. Toʻqqizda joyimda boʻlishim kerak. Yo pulni olib boraman...
— Yo kallamni olasanmi?
— Vey, paxan, sening bu durnoy bashkang kimga kerak? Sen mening mazgamni taqillatma, nima qilishni oʻzim bilaman. Bolalaring koʻrinishmaydi, maktabda shekilli, a? Hozir koʻrib qoldim ketishayotganini... Kattangga yangi palto olib beribsan,a? Sendaqa dobriy papashkalarni yaxshi koʻraman.

Sharif uning nimaga sha’ma qilayotganini anglab, qoʻrqib ketdi:
— Bolalarimga tegma!
— Umnitsa! Bunisi endi oʻzingga bogʻliq. Xayr, soat oltida kelaman. — Yigit shunday deb sigaretini chuqur-chuqur tortdi-da, tutunini Sharifga qarab puflab, sigaret qoldigʻini uning oyogʻi yoniga tashladi. Oʻgirilib, bir-ikki qadam qoʻygach, toʻxtadi. Boshini burib, taxtadek qotib qolgan Sharifga qaradi:
— Kurortdaligingda yuvoshgina bola eding. Endi sal qoʻrsroq boʻlib qolibsan. Asadbek vospitaniyangni buzibdi. Senga maslahatim: Bek akangni bu ishlarga putat qilma. Bu dunyoda undan qoʻrqmaydigan odamlar ham bor, bilib qoʻy! Ha, xotining sutga chiqqan ekan. Odam koʻp. Navbatda turibdi. Paxan, xotin deganni ehtiyot qilish kerak. Hech qaysi davlatda vinzavod direktorining xotini azonlab sutga yugurmaydi. Mazgangni ishlat, he soʻtak!

Yigit shunday degach, tez-tez yurganicha chiqib ketdi.

Sharif esa ikki-uch daqiqagina davom etgan bu suhbat tushimi yo oʻngida sodir boʻldimi — farqlamay, gangigan holda turib qoldi.

Gʻofilvash banda... Boshi toshdevorga urilgach, «Bu devor qaydan paydo boʻldi?» deb hayratlanadi. Boshqalar koʻrgan devorni koʻrmaydi. Shayton koʻzlarini boylik pardasi bilan toʻsgan boʻlsa na qilsin?

Johil banda... Yaratganning «Ya bani Adama! Iza roayta-l-gʻina muqbilan a’layka faqul zanbun a’jilatun uqubatuhu»* deb ogohlantirganini bilmasa, kim aybdor?

Chorasiz banda...

«Yashamoqning lazzati ilmda», deb yurgan odam «Dunyoning poydevori boylikda», degan fitnali qarorga kelgan ekan, endi nima qilsin?

Yaqindagina haromdan hazar qilib yurgan odam haromsiz yashay olmaslik darajasiga yetgan boʻlsa-chi?

Xotini «Shu dangʻillama imoratdan koʻra oʻzimizning kulbamiz durust, dadasi. Moyli nondan qora nonimiz a’loroq. Oʻylab ish qiling, ular bizga boshpana qurishmayapti, xuddi kafan bichishyapti-ya?» deganida qanday javob qilib edi-ya? «Davlating ilm qadriga yetmadi. Mana shular yetishdi. Ilmimni kimga, qanchaga, qanaqa tarzda sotaman — bu mening ishim...»

Shunday imorat solib bergan valine’matlar yana yuz ming topib berishga yoki oʻsha muttahamning kekirdagini uzib olishga qodirmasmilar? Undan battarini-da qilish qoʻllaridan keladi. Lekin gap bunda emas.

Gap... bolalarda... U hammasini kuzatibdi! Maktab yoʻlini... Xotinining sutga navbatda turganini...

Beixtiyor turmadagi voqea yodiga tushdi:

Qarzini vaqtida toʻlolmagan odamning boshi xuddi tarvuz tanlayotganday qattiq siqildi. Ogʻriqqa chidolmay dodlaganida ikki barmoq burniga tiqilib, pastki jagʻi bosildi. Soʻng... yapaloq ombur bilan tilla tishlar bir-bir sugʻurib olindi. Ogʻzi qonga toʻlgan odam vovaylo aytganicha qolaverdi...

Sharifning oʻzi shu holga tushsa mayliga. Bir boshga — bir oʻlim. Lekin bolalari...

«Qochirish kerak! Yashirish kerak! Hoziroq!» Xayoliga kelgan bu fikr uni joyidan qoʻzgʻatdi. Shoshilinch ravishda darvoza tomon yurdi. Ammo ostona hatladi-yu, ketma-ket kelib toʻxtagan ikki «Volga»ni koʻrib, ajablandi. Oldindagi «Volga»dan birinchi boʻlib tushgan kalta kurtkali malla soch ayol tez-tez yurganicha Sharifga yaqinlashdi-da, koʻzlariga tikilganicha:
— Namozov Sharif? — deb ruschalab soʻradi.

Kulrang jinsi shimi sonlariga yopishib turgan, yurganida ayollik nazokatiga nisbatan erkaklik shahdamligi ustunroq boʻlgan xipchabel xonimni Sharif avvaliga Portugaliyadan kelgan vakilmikin, deb faraz qildi. Shu bois umidli bir ohangda:
— Menman, — dedi.
— Namozov, tez ichkariga kir! — Mallasochning tahdidli buyrugʻi Sharifdagi umidli oʻyni mahf etdi-yu, notinch gumonlar eshigini lang ochdi.
— Nima gap, tinchlikmi? — dedi Sharif bir oz dovdiragan holda.
— Kir degandan keyin, kir! — Ayol shunday deb uni yelkasidan ushlab, yengil siltadi.

Sharif «Kimsan oʻzing, nimaga turtasan?» deyishga ogʻiz juftladi-yu, mashinalardan tushib kelayotgan yigitlarni koʻrib, itoat etishdan boshqa chorasi yoʻqligini angladi.
— Kir, deganda kira qolmaysizmi? — dedi yetib kelgan yigitlardan biri oʻzbekchalab.
— Kirishga kiraman, nima gapligini tushuntirsanglar-chi axir? — dedi Sharif yalinchoq ohangda.
— Gapga tushunmaydigan eshshakmisan, nima balo?! — Haligi yigit shunday deb bilagidan ushlab, qoʻlini qayirdi. Ogʻriqqa chidolmagan Sharif shartta orqasiga oʻgirilganini oʻzi ham sezmay qoldi. Gardaniga bir musht tushgach, oʻzini hovlida koʻrdi.
— Uyda kim bor? — deb soʻradi mallasoch.
— Hech kim yoʻq, — dedi Sharif yana bir musht tushib qolishidan choʻchib. — Bolalarim maktabda. Xotinim sutga ketgan.
— Oʻzing qayoqqa ketmoqchiyding?
— Ishga.
— Ishga yayov borasanmi?
— Yoʻq, mashina kelib qolishi kerak.

Dastlabki soʻroqdan koʻngli toʻlgan mallasoch kurtkasining choʻntagidan sigaret chiqarib lablariga qistirdi. Sharifning qoʻlini qayirib, gardaniga musht urgan yigit chaqqonlik bilan yoqqichni yoqib, alangasini xonimga tutdi.
— Hammayoqni qarab chiqinglar, — dedi xonim sigaretni tutatgach. — Bironta ham tirqish qolmasin, — u shunday deb hali boʻyoqdan chiqmagani uchun koʻchib kirilmagan uyga sinchiklab razm soldi-da, Sharifga: — qani, Xiva xoni, uyingga boshla, — deb buyurdi.

Eski uyga kirgach, urinib qolgan xona anjomlariga ajablanib qaradi. Oʻrtadagi eski dumaloq stolni aylanib oʻtdi-da, xona toʻridagi divanga oʻtirdi. Keyin yon choʻntagidan qizil rangdagi guvohnomasini chiqarib:
— Arina Berger, SSSR prokuraturasidanman, — dedi-da, Sharifga koʻz-koʻz qilgach, joyiga solib qoʻydi. Soʻng sigaret kulini gilam ustiga qoqib, Sharifga savol nazari bilan qaradi: — xoʻsh, oʻzing koʻrsatasanmi yo bizni qiynaysanmi? Bilib qoʻy, bizni qiynasang, oʻzingga yomon.
— Nimani koʻrsatay?
— Ovsarmisan? Qani, oʻylab koʻr-chi? SSSR prokuraturasiga nimani koʻrsatish mumkin? Erkakligingning isbotinimi? — Berger masxaraomuz tirjaydi.

Ayol kishidan bunaqa gap chiqishi mumkinligini oʻylamagan Sharif sal dovdiradi:
— Unaqa deganim yoʻq... Aniqroq ayting-da...
— Anigʻimi? Toʻplagan boyligingni koʻrsat menga!
— Toʻplagan boyligim... Yoʻq...
— Yoʻqmi? Bu uyni qaysi pulga qurding?
— Uynimi... oshna-ogʻaynilarim...
— Oʻchir! Men senga choʻpchakka ishonadigan qizcha emasman. Sibirga vinolarni tekinga yubordingmi?
— Sibirga?.. Yoʻq, davlat belgilagan narxda yuboriladi.
— Namozov! Seni olim deyishuvdi. Olimmisan, ahmoqmisan — ayt! Yoʻq, aytma. Shu turishingdan ma’lum — toʻnkasan sen! — U shunday deb Sharif tomonga qarab «chirt» etib tupurdi. — Sen sassiq hayvonni deb men ikki qit'ani bosib, uchib keldimmi?

Shu payt hovlida Nasibaning «Kimsizlar, nima qilyapsizlar?» degan ovozi keldi.
— Kim u? — deb soʻradi Berger.
— Xotinim...
— Vlad, olib kir uni.

Sharifning orqasida turgan yigit tashqariga chiqib, Nasibani boshlab kirdi.
— Voy, dadasi, nima boʻldi? — dedi Nasiba ostona hatlamay turib.
— Jim! — deb baqirdi Berger. — Faqat ruscha gaplashilsin! Namozovamisan? Yaqinroq kel. Demak, sen bu nusxaning xotinisan?
— Ha, — dedi Nasiba bosh irgʻib. U ruschaga noʻnoq edi. Shunday boʻlsa ham eplashtirib soʻradi: — nima kerak?
— Savolni men beraman, Namozova! — Berger sigaret tutatib, kulini gilam ustiga qoqdi: — Nechta bolang bor?
— Toʻrtta... uch oʻgʻil, bir qiz.
— Ha... bolalaringga ota zarur ekan. Menga qara, Namozova, agar senga er kerak boʻlsa, aytasan: ering pullarni qaerga yashirgan?
— Pul? Qanaqa pul? — Nasiba shunday deb eriga qaradi. Sharif «Oʻzim ham hayronman?» deganday yelka qisdi.
— Koʻzimga qara! — deb baqirdi Berger. — Aytsang— er seniki. Aytmasang olib ketaman. Suyaklari qamoqda chiriydi.
— Arina Iosifovna, qoʻshnilarni chaqiraymi? — deb soʻradi yigitlardan biri.
— Yoʻq, avval aytishsin. — Yigit «tushunarli» deganday iziga qaytgach, Berger Sharifga qaradi: — Namozov, Kozlov bergan ikki millionni qaerga qoʻyding? Yaxshilikcha ayt.

Bergerga Moskvada berilgan ma’lumotda «Kozlov bir million yuborgan», deyilgan boʻlsa-da, u «Toʻplab qoʻygani ham bor», degan ishonchda «ikki million»dan gap ochgan edi. Bergerning moʻljalicha, Kozlov yuborgan pul davlatga topshirilgan taqdirda vinzavod boshqonidan tortib olingani oʻzining hamyoniga tushishi kerak edi. U, garchi bu yerdagilarni «professional layoqatsizlik»da ayblayotgan boʻlsa-da, Moskvada Xongirey tomonidan berilgan ma’lumot soxta ekanini oʻylab ham koʻrmagan edi. Yaqinda salaflari qopchiqlarini toʻldirib ketganlaridan xabardor Berger oʻzining safari ham shunday tugashiga amin edi. Hozirgi savolidan soʻng Sharifning oʻylanib qolganini koʻrib «Ilindi!» degan fikrda ichdan quvondi.

Yoʻq, Sharif «ilinmagan» edi. «Kozlov» deganini qachondir, qaerdadir eshitgan edi. U «Kozlovni kimdan eshitgan edim?» deb eslashga urinayotgandi. Ha, esladi! Qilich Sulaymonov yigirma kunmi, bir oymi avval «Krasnoyarda Kozlov degan xaridorimizning soʻraganini beraylik» degan edi. Oʻshanda Sharif «Ularning limiti yoʻq», deganida Qilich Sulaymonov «Limitni bizga qoʻyib bering» degan edi. «Bu xotin oʻsha Kozlovni aytyaptimi? Kozlovga vino yuborilgan ekanmi? U menga ikki million soʻm beribdimi?..»
— Xoʻsh? Namozov, men sendan javob kutyapman!
— Nima soʻradingiz?
— Namozov, oʻzingni merovlikka solma. Agar bu toʻnka miyang ishlamayotgan boʻlsa, ishlatadigan usullarimiz bor!
— Merovlik qilayotganim yoʻq, savolingizni tushunmadim.
— Nimasiga tushunmayapsan: Kozlovdan olgan pullaringni mana bu yerga qoʻy! — Berger shunday deb dumaloq stol ustini koʻrsatdi.
— Kozlov? — Sharif bir zum sukut qildi. — Tanimayman bunaqa odamni.
— Tanimaysanmi? Kozlovni, Aleksey Petrovichni-ya? Krasnoyarskka necha tonna vino yuborganingni ham bilmaysanmi?
— Joʻnatish bilan men shugʻullanmayman. Oʻrinbosarim bor.
— Qalbaki hujjatlarga ham oʻrinbosaring imzo chekkanmi? Sen menga choʻpchagingni aytma, Namozov! — Berger shunday degach, Nasibaga qaradi: — Namozova, sen hech eringga xiyonat qilganmisan?
— Nima?

Nasiba uning savolini tushunmadi. Berger savolni aniqlashtirdi:
— Begona erkak bilan boʻlganmisan?
— Voy... nimaga... — Nasiba ruschalab tushuntirolmay: — Voy, sharmanda, — deb qoʻydi.
— Namozov, xotiningni begona erkak bilan boʻlganini koʻrganmisan?
— Yoʻq, — dedi Sharif uning maqsadini anglamay.
— Hozir koʻrasan. Aytsang — aytding. Aytmasang, xotining bilan shu yerda, koʻzing oldida ketma-ket maishat qilishadi.
— Mening boyligim yoʻq, bor narsam — koʻrib turganingiz. Ishoning, Kozlovni ham tanimayman... — dedi Sharif yalinchoq ohangda.

Berger uning gaplarini tinglashni ham istamadi.
— Vlad, boshla. Toʻrtta tuqqan boʻlsa ham, koʻrinishi qizdek. Qora xotinlar zoʻr boʻladi, deb eshitganman.

Bergerning amrini soʻzsiz bajarishga oʻrgangan keng yelkali yigit Nasibaga yaqinlashib quchoqlab oldi. Kuchli panjalar ayolning koʻkraklarini siqdi. Nasiba ham tan ogʻrigʻiga, koʻproq nomus ogʻrigʻiga chidolmay dod deb yubordi. Sharif xotinini ajratishga intilgan edi, Berger oʻrnidan sapchib turib, yoʻlini toʻsdi-da, ikki choti orasini moʻl qattiq tepdi. Sharif bukchayib qoldi, nafas olishi qiyinlashdi.
— Toʻxta, — dedi Berger Vladga, — oʻziga kelib olsin. Boʻlmasa tomoshaning qizigʻi qolmaydi. — Berger Nasibaga yaqinlashib, yuziga yengil shapati urdi: — Namozova, sen qarshilik qilma, oʻzing yechin. Men xohlagan ish baribir boʻladi. Men «Yigitlar maishat qilishadi», dedimmi, demak qilishadi. Yettita yigit seni qiynab qoʻyishi mumkin, bilib qoʻy. Keyin... — Berger zaharli kuldi: — toʻqqiz oydan keyin tuqqan bolangning otasi kimligini bilolmay garangsib yurasan. Lekin... sen oʻzingni nomusli ayol deb bilasan-a? Nomusli boʻlsang, pulni qaerga yashirganlaringni ayt. Xoʻsh? Hovliga koʻmib qoʻyganmisanlar? Yo qarindoshlaringnikidami? Ayt! Balki manavi yangi uyingning gʻishtlari orasiga terib yuborgandirsanlar, a? Agar xohlasam uyingni ham buzib koʻrishadi. Unda ham ersiz qolasan, ham uysiz. Xoʻsh, aytasanmi?
— Pulimiz yoʻq, — dedi Nasiba yigʻlamsirab.
— Vlad, vaqtni oʻtkazma, bu toʻnkalarga gap tushuntirib boʻlmaydi. Eri oʻziga kelgunicha yechintirib qoʻya qol.

Bir zumda Nasibaning kiyimlari parcha-parcha qilib yirtilib, yarim yalangʻoch holga keldi. Ikki qoʻli bilan koʻkraklarini toʻsib, ayozda qolganday titray boshladi.

Bu orada Sharif sal oʻziga kelib, qaddini rostladi.
— Namozov, esingni yigʻ, agar olib ketsam, u yoqda battarroq azoblar bor. Ayt, Kozlovdan pul oldingmi?
— Yoʻq, tanimayman, unaqa odamni.
— Vlad, boshla!

Vlad degani astoydil ravishda shimini yecha boshladi. Orqada turgan yigit esa, Sharifning sochlarini changallab tortdi.
— Toʻxtang! — deb baqirdi Sharif jon holatda. — Aytaman, toʻxtang. Faqat, xotinimga tegmang.
— Ha, erkakka oʻxshar ekansan-ku! Vlad, shimingni kiy. Osiyoliklar nomusni hamma narsadan ustun qoʻyishadi, bilib qoʻy. Xoʻsh, Namozov, endi ayt.
— Avval xotinim chiqib ketsin. U bilmaydi.
— Sen bizga shart qoʻyma, Namozov.
— Bunaqa holatda aytolmayman.
— Mayli, Namozova, nima, sovqotdingmi? Kiyinib ola qol. Pullarni sanayotganda bunchalik titramagandirsan, a? Xoʻsh, Namozov?
— Meni bu yerdan olib keting. Aytsam, meni oʻldirishadi. Pul menda emas.
— Qiz-z-ziq... — Berger shunday deb Sharifga yaqinlashdi-da, tutab tugay boshlagan sigaret choʻgʻini uning yuziga bosdi. Sharif ingrab yubordi.

Kiyina boshlagan Nasiba esa eriga qarab qoldi.
— Sen kiyinaver, — dedi Vlad, uni turtib.
— Namozov, oʻtir, yoz, — dedi Berger.
— Nimani?
— Kozlovdan ikki million rubl olganingni yoz. Qaerdaligini mayli, keyinroq aytasan.

Sharif tamoman gangib qolgan edi.

Yayrab, oʻynoqlab yurgan qoʻzi toʻsatdan qoʻl-oyoqlari bogʻlanganida, tepasida pichogʻini qayrayotgan qassobga moʻltillab qaraganini kuzatganmisiz? Hozir Sharif ana shu javdirash bilan qarardi. U hozir oʻzini oʻylamas, ahli ayoli bilan farzandlaridan xavotirda edi.

Yozda u gʻalati manzaraning guvohi boʻlgandi: chumchuqning hali uchirma boʻlmagan bolasi uyasidan tushib ketgan ekan. Mushuk tayyor luqmani koʻrishi bilan pisib kela boshladi. Chumchuqcha chirillab qochmoqni, uchmoqni ixtiyor etardi. Ammo qora bulut kabi bostirib kelayotgan mushukning muddaoga yetmogʻi ayonroq edi. Mushuk qushchaga yaqin kelgan onida ikki chumchuq paydo boʻldi. Ularning biri hech tap tortmay, mushukning yuziga urildi. Ularning «jangi» uzoq davom etmadi. Mushukning panjasi uning hamlasidan kuchliroq chiqdi. Mushuk chalajon chumchuqqa «Sen endi happai halol oʻzimnikisan. Manavi jimirtak biror kavakka kirib gʻoyib boʻlmasidan yeb olay», deganday qarab qoʻyib, yana oʻljasi iziga tushdi. Shunda ikkinchi chumchuq unga hujum qilmadi, balki qanoti singanday uning yoʻliga quladi. Soʻng, qanotlarini yerga urganicha chirqirab, sudrala boshladi. Mushuk endi uning iziga tushdi. Chumchuq sudrala-sudrala uni bolasidan uzoqlashtirdi. Ammo... oʻzi mushukka yem boʻldi.

Sharif oʻshanda bu manzarani qiziqib tomosha qilgan, ammo mushukni haydab, qushlarni asrab qolish lozimligini oʻylamagan edi. Bu voqeani xotiniga aytganida Nasiba ranjib, «Chumchuqlar uvol boʻlib- di-ya...» deb achingan edi.

Hozir oʻzi oʻsha chumchuq holiga tushdi.

«Ertalabki nusxa bolalarimga sha’ma qildi. U yuz ming soʻragan edi. Bunisi ikki million talab qilyapti. U-ku, odam qonini soʻrib yuruvchi hayvon. Kasbi shunaqa. Bular-chi? Qaysi biri battarroq? Maskovdan keldim, deb nimani xohlasa qilaveradimi? Itmi-mushukmi, Maskovdan keldim, deb bir chekkadan qiyrataversa, birov ularga pisht demasa...»

Sharif bularni hozir emas, keyinroq, qamoqning bir kishilik sovuq xonasida yotganida oʻylaydi. Hozir esa mushukni chalgʻitmoqchi boʻlgan chumchuq kabi Arina Berger degan bu zulm qilgʻuvchini uyidan uzoqlashtirishni istaydi...

2

Botirovning shahar turmasiga keltirilganini Zohidga ma’lum qilishdi. Zohid zoʻrlangan qiz — Mohira Nuriddinovaning gaplariga qoniqmagan boʻlsa-da, uni ikkinchi soʻroqqa chaqirishga shoshilmadi. Zoʻrlagan — Shokir Botirov bilan yuzma-yuz boʻlganidan keyin ishni davom ettirishga qaror qilgan edi.

Zohid koʻchaga chiqqanida yoʻl-yoʻlakay Hamdam Tolipovni yoʻqlab oʻtishga qaror qildi. U bir necha kundan beri Said Qodirov aytgan gaplarning magʻzini chaqish bilan band edi.

«Hosilboyvachcha izsiz ketishi mumkin emas, — deb oʻyladi u. — Katta yoʻl boʻyida yoqilgan murdalar taqdiri bilan birov qiziqmadi. Ular tomchilar edi. Qumga tomdilaru yoʻq boʻldilar. Hosilboyvachcha dengiz emas, koʻl ham emas. Balki koʻlmakdir. Biroq, koʻlmakka choʻp tashlasang ham chayqaladi. Sassiq koʻlmak boʻlsa, hidi chiqadi. Hosilboyvachchaning atrofidagilar nima uchun jim? Nega chayqalmadilar?..» Asadbekning yoʻrigʻidan bexabar Zohid oʻzicha kalavaning uchini yechmoqchi boʻladi. U «Hosilboyvachcha u yoq-bu yoqqa qochib ketmadimikin?» deb ham oʻyladi. Ammo Said Qodirovning bu toʻdada «odami borligi»ni ma’lum qilishi xayollarini ma’lum chegarada cheklashga majbur etdi.

Hamdam Tolipovni yoʻqlashdan maqsadi ham shu muammoni yechishga intilishi, uning «mish-mish ovlash»ga ustaligidan foydalanish.

Hamdam xonasida yolgʻiz emas edi. Xona tutunga toʻla boʻlsa ham, u navbatdagi sigaretini baralla burqsitib oʻtirardi. Zohidga Hamdamning ishi uncha yurishmay turgani shundan ayon boʻldi. Hali mushtlari, tepkilarini ishga sola olmaganidan xunob koʻrinadi. Bashang kiyingan, boʻliq yuzlari poʻrsildoq nonday qizarib turgan, barmogʻiga yoqut koʻzli yoʻgʻon uzuk taqqan odamda esa xavotir yoki tashvish sezilmas edi.

Xonada boshqa stul yoʻqligi sababli Zohid deraza tokchasiga suyandi.
— Koʻrib qoʻying, oʻrtoq prokuror, ba’zan «Ishingning tayini yoʻq», deb tanbeh berasiz. Mana bunaqa akaxonlar bilan ikki soatlab otamlashsagu bir tayinli gap chiqmasa, ishda qanaqa unum boʻlsin?
— Endi uka, gapni ikki soatdan beri men emas, siz choʻzyapsiz. Sizga loʻndasini aytdim: qaynonam azaldan meni yomon koʻradi. Qizini ukasining oʻgʻliga bermoqchi boʻlib yurarkan, qizi unga tegmasa, men aybdormanmi? Qizi menga xushtor edi, qaynonam shunisiga chidolmadi. Hozir ham chidolmaydi. Zoti past ularning aslida.

Zohidga bu odamning gap ohangi gʻalati tuyulib, gapga aralashdi:
— Qaynonangizning qizlari — sizning xotiningiz-da, a?
— Ha, hamma gap shuning ustida.
— Zoti past, dedingiz, demak, oʻzingiz ham zoti pastga tenglashibsiz-da, a?
— Endi... yoshlik-da, xushtor boʻlganidan keyin...
— Xotiningiz sizni yaxshi koʻrar ekan, siz-chi? Yaxshi koʻrmasmidingiz? Boʻyningizga osilib «Meni olsang ham olasan, olmasang ham olasan!» deb turib olganmi?
— E, uka...
— Bu odam sizga uka emas, prokuror! Shahar prokuraturasidan! — dedi Hamdam zarda bilan.
— Uzr, oʻrtoq prokuror, tanimaganini siylamas, degan maqol bor-ku. Bilmapman, kechirasiz. Siz juda toʻgʻri savol berdingiz. Uni oʻzim ham yaxshi koʻrardim. Yigitlik oʻzingizga ma’lum. «Muhabbatning koʻzi koʻr», deyishadi-ku... Undan tashqari gʻunajin koʻzini suzib turganidan keyin har qanaqa tentak buqacha arqonini uzadi-da...
— Endi-chi, endi yomon koʻrib qoldingizmi?
— Endimi... endi...
— Chaynalmay aytavering: endi u xotin yoʻq, oʻlgan! Bu akaxonni qarang, oʻrtoq prokuror, xotinlarini jarrohning qoʻliga topshirib, oʻzlari Yaltaga joʻnavoribdilar. Bularning bir maqoli bor: «Puling boʻlsa xaltada, yallo qilgin Yaltada», shunaqami, a?
— Dam olish gunoh emas-ku? Kasali ogʻirligini bilmabman, dedim-ku? Oʻzim ham armondaman.

Hamdam bu odamning ayyorligidan gʻijinib «Ilgari tentak buqacha boʻlganingiz rost ekan, endi ulgʻayib gʻirt ahmoq hoʻkiz boʻlibsiz», demoqqa shaylandi-yu, ammo bu tashbehdan oʻzini tiyib, gapning loʻndasini aytib qoʻya qoldi:
— Ey, inson, odam degani qoʻyini qassobga bersa ham, soʻygunicha poylab turadi. Siz qaynonangizga magʻzava agʻdarib, oʻzingiz suvdan quruq chiqmoqchimisiz? Oʻrtoq prokuror, bu odamning yana bitta qiligʻini aytaymi: Yaltaga oʻynashlarini achomlab ketishlaridan oldin...
— Hech qanaqa oʻynash yoʻq. Bu yerdan boshlab ketadigan ahmoq emasman. Yaltada daraxtga qarab aksirab yuborsang, mingta quling oʻrgilsin jonon yogʻiladi. Oʻrislarda maqol bor: «Tulaga oʻz samovari bilan borilmaydi».
— Qarang, oʻrtoq prokuror, bu akaxonimizning turgan-bitganlari gʻij-gʻij maqol. Hatto oʻrislarnikini ham biladilar. Oʻzbeklarda ham bir maqol boʻlardi, balki bilarsiz? Nima edi. «Chuchvarani xom sanamang»midi? Akaxon, men Tolipovman! Mana, menga ishonmasangiz, oʻrtoq prokuror aytsinlar, men ushlagan joyimdan kesaman. Hali hech kim meni suvga olib borib, sugʻormay olib kelmagan. Kim bilan borganingizni ikki-uch kunda oʻzingizga aytaman. Xohlasangiz garov oʻynaymiz: men sizga oʻynashingizni roʻpara qilaman, siz esa... sizni bichamiz-qoʻyamiz, kelishdikmi?
— Yoʻq, kelishmadik. Sizlarni bilaman, koʻchadan bitta shaloqni olib kelib roʻpara qilasiz. Yuzta guvoh ham topasiz.
— Yoʻ-oʻq, akaxon, — dedi Hamdam oʻrnidan turib, — garovda bunaqa gʻirromlik boʻlmaydi. Aniq dalil bilan isbotlayman. Isbotlay olmasam, mayli, «Ish»ni yopaman.
— Qanaqa «Ish»? Quruq tuhmat bu!
— Toʻgʻri, hozircha jinoiy ish qoʻzgʻolgani yoʻq. Hozircha ariza bor. Burnimning kattaligini koʻryapsizmi? Mana shu burnim juda sezgir-da. Hozirning oʻzida jinoyatning hidini sezib turibdi. Oʻrtoq prokuror, bu akaxon Yaltaga oʻynashlarini achomlab joʻnashlaridan oldin doʻxtirga ozginagina choychaqa uzatib «Narkozni ayamang, bechora bu dunyoda qiynalib ketdi, uxlaganicha uygʻonmay qoʻya qolsin», deganlar.
— Tuhmat!
— Oʻrtoq prokuror, sizdan maslahat soʻramoqchiman: murdani kavlab olib tekshirishni nima deyishardi?.. Ha, eksgumatsiya! Ekspertiza uning kasali, berilgan narkoz darajasini aniqlab bersa kerak, deyman, a? Ana undan keyin doʻxtirjon ham sayrab berarlar? Ana shunda bu akaxonni ikki qoʻllab sizga uzatamiz. Axir qotillik bilan koʻproq prokuratura shugʻullanadi, toʻgʻrimi?
— Andishaning otini qoʻrqoq demang, ogʻayni. Meni qoʻrqitmay qoʻya qoling, yosh bola emasman. Qonunni sizdan boshqa biladiganlar ham bor. Eksgumatsiya qilgingiz kelsa, qilavering. Ammo bilib qoʻying: shaxsan oʻzimning ishtirokimda ochasiz.
— Ie, boʻlmasam-chi? — dedi Hamdam qoʻllarini yoyib. — Sizsiz boʻlarkanmi bu ish. Endi gapni koʻpaytirmay qoʻya qolaylik. Maslahatimiz pishdi, a? Endi mana bu yerga chiroylikkina imzoingizni qoʻyib bering.
— Nima bu?
— Avval oʻqing. Qonunda avval oʻqib keyin qoʻl qoʻyilsin, deyilgan. Siz ish bir yoqlama boʻlgunicha shahardan tashqariga chiqmay turasiz. Chaqirganim zamonim «Labbay!» deb yetib kelishingiz kerak boʻladi. Bolaligingizda pioner boʻlgansiz-ku, a? Shioringiz «Vsegda gotov!»midi? Ha, bilar ekansiz. Mabodo bitta-yarimta sizga telefon qilib qolsa, shu shior esingizda tursin.
— Mening telefonim ishlamaydi, bu bir. Ikkinchidan men pioner boʻlmaganman. Shu shiorni bilmaganim uchun «Mafkurang buzuq», deb qabul qilishmagan.
— Xotirjam boʻling, telefoningizni ishlatib qoʻyishadi. Mafkurangizni ham sozlab qoʻyishadi.

Oʻzaro piching toshlari otib tugatilgach, tilxatga imzo chekildi-yu, «qaynona tuhmatiga uchragan bechora kuyov» xonani tark etdi. Eshik yopilishi bilan Hamdam uning izidan gʻazab toshlarini otdi.
— Hayvon! Toʻngʻiz!

«Toʻngʻiz» «unvoni» kamlik qildimi, keyingi «tosh»lar uning onasi-yu, amma-xolalarini tilga olish bilan otildi.
— Koʻrdingmi, bu it emganni, — dedi Hamdam, sal hovuri bosilgach. — Beshta bolasi bor ekan. Koʻngli yangisini tusab qolgan bu buqaning. «Ish»ini sudga oshirmay boʻgʻib oʻldirib qoʻygim kelyapti.
— Hali aybi isbotlanmadi-ku, balki chindan ham qaynonasi...
— Sen prokuror, hali bolasan. Bunaqa ishlarga aqling yetmaydi. Hozirgina aytdim-ku, burnim sezgir, deb... Xoʻp, buni qoʻyaver, oʻzingning ishlaring qalay?
— Yuribmiz ishla-ab...
— Asadbeklarni qoʻlga olibsanmi, a?

Hamdamdagi qolgan-qutgan zahar tomchilarining oʻziga atalganini sezgan Zohid uning pichingiga e’tibor bermay:
— Olyapmiz, — deb qoʻydi.
— Olyapsizmi yo choʻkyapsizmi?
— Unisi ham, bunisi ham.
— Keyingisi toʻgʻriroqdir.
— Balki... Siz mabodo Hosilboyvachcha degan odamni eshitmaganmisiz?
— Bunaqa zoʻrlarni prokurorlar eshitishadi. Biz bir kichkinagina izquvar boʻlsak... «Fas!» deyilsa yuguramiz. Yetib olsak, bosamiz, tishlaymiz, «Fu!» deyilsa — qoʻyib yuboramiz, — dedi Hamdam zaharli piching ohangida.
— Hamdam aka, anchadan beri birovni chaqa olmay zada boʻlib turgan ekansiz-a? — dedi Zohid jilmayishga harakat qilib. — Men bir ish bilan keldim. Gapimni eshitishga tobingiz bormi?
— Tobimmi?.. Tobim bor. Bilib turibman: «Hosilboyvachcha yoʻqolganmish», demoqchisan.
— Eshitibsiz-da?
— Bu teshik quloq ba’zan eshitib ham turadi.
— Mish-mish ovlaydigan joyingiz boʻlardi?
— U yerdagi gaplar senga toʻgʻri kelmaydi.
— Ayting-chi?
— Boyvachcha chet elga qochib ketganmish.
— Ishonchsiz gapmi bu?
— Sen ishonasanmi? — Hamdam savolga savol bilan javob qildi. Soʻng bir nafas tin oldi-da, afsus ohangida qoʻshib qoʻydi: — Ishonsang — gʻirt ahmoqsan!
— Bu gapni nima sababdan ishonchsiz deyapsiz?
— Chet elda unga pishirib qoʻyibdimi? Bu yerda oʻziga xon, oʻziga bek boʻlsa. Senga oʻxshaganlar mushugini pisht demasa... Chet elga qochib ketish oson ekanmi? Bular ahmoq emas, qochishmaydi. Chet elda non yoʻq ularga.
— Unda qaerga gʻoyib boʻlgan?
— Sen gapni choʻzma, ichingdagini aytaver: oʻldirib ketishgan, demoqchimisan?
— Shu taxmin haqiqatga yaqinroqqa oʻxshaydi.
— Kim oʻldiradi?
— Balki Asadbekdir?
— Sening tanglayingni Asadbek koʻtarganmi? Nima ish boʻlsa oʻshanga taqaydigan boʻlibsan. Xoʻsh, davom et-chi?
— Murdani topish kerak.
— Oʻh-hoʻ... ishtahalar karnay-ku, a? Bilib qoʻy: agar boyvachcha sen aytganday oʻldirilgan boʻlsa, oʻligini ikki dunyoda ham topolmaysan.
— Harholda bir qiziqib koʻrish kerakmikin?
— Menga qara, prokuror, foyda chiqmaydigan ishlarga boshingni qotirma. Agar chindan ham ular oʻldirishgan boʻlsa-yu, murdani topishimizni istashsa, bizlarni qiynashmas edi. Avvalgilariga oʻxshab daraxtga osib qoʻya qolishardi. Buni istashmadimi — tamom, ovora boʻlma. Men gugurt choʻpini besh-oltiga maydalab Sirdaryoga tashlab yuboray-chi, topa olarmikansan? Murdani yoʻqotish usullari koʻp, topish usuli esa kam. Sen jasadni emas, uni yoʻqotishda qatnashganlarni top. Hech boʻlmaganda bittasini top. Gapingning hidiga qaraganda kimdir xabar qilganga oʻxshaydi. Ana oʻshaning giribonidan ol. Gapirmaguncha qoʻyma.

«Uning kimligi ma’lum boʻlganida nima qilishni oʻzim bilar edim», — deb oʻyladi Zohid uning gaplarini eshita turib. — Agar Said Qodirov rost gapirgan boʻlsa, u odamni yolgʻiz oʻzi biladi. Menga roʻpara qilmaydi. Giribonidan ham oldirmaydi».

Hamdam Tolipov jasadni yoʻqotish usullarini yana picha bayon qilgach, gapdan toʻxtadi. Zohid bu mavzuni davom ettirmakni istamay, suhbat mavzuiga tahrir kiritdi. U bugun, ulgurolmasa ertaga Botirov ishini yuritgan tergovchi bilan uchrashmoqni ixtiyor etgan edi. Zohid qoʻshni tumandagi bu tergovchini tanimasdi. «Balki Hamdam aka tanir», deb soʻrab edi, yanglishmadi.
— Taniyman uni, — dedi Hamdam. Soʻng Zohidga mugʻombirona tikildi. — U ishkalga nima uchun ishqing tushib qoldi?
— Bir «Ish»da xomlik qilganga oʻxshaydi.
— Bir «Ish»da sen xomlik qilishing mumkin. Bor, ana, men xomlik qilishim mumkin. Unda xomlik degan gap boʻlmaydi, bilib qoʻy. Uning laqabi «Ishkal». Bu nima degani, bilasanmi? U ishkallikni pulga sotib oladi.
— Tushunmadim?
— Sen «Musht ishlatasiz», deb menga kun bermaysan. Men pichoq borib suyakka qadalganda doʻpposlab qolaman. Hammani ham uravermayman. U «Ishkal» esa xonasiga kirgan odamni mushtlamasa kechasi uxlolmaydi. Agar otasi kirib qolsa, uni ham ayamasa kerak. Yana bir narsani bilib qoʻy: u yaxshi xodimlar roʻyxatida birinchilardan boʻlib turadi. Topshirilgan ishning yuzdan toʻqson toʻqqizini ochadi. Tushundingmi?
— Tushundim.
— Yoʻq, tushunmading, — dedi Hamdam ayyorona jilmayib. — Hali tushunganing yoʻq. Uch-toʻrt kundan keyin tushunasan.
— Nega? — deb ajablandi Zohid.
— Negaki, u sening adolat qilishingga yoʻl bermaydi. Sen bor, u bilan suhbatlash. Lekin uning har bir teshikda akaxonlari borligini unutma. U xizmat varaqasiga qandaydir bir «zumrasha» prokurorning «minus» qoʻyishiga yoʻl bermaydi.

Hamdam «Ishkal» deb atalgan hamkasbining qiliqlaridan aytib bergach, Zohid unga minnatdorlik bildirib, iziga qaytdi.

3

Soqchi Botirovni boshlab keldi. Botirov soʻroqxonaga qoʻllarini orqasiga qilgan holda kirib, mahbuslarga xos boʻlmagan ohangda qiroat bilan salom berdi. Zohid bu lutfga javoban quruqqina qilib «salom», dedi-da, roʻparasidagi kursini koʻrsatib «Oʻtiring», dedi. Botirov oʻtirgach, Zohid uchun kutilmaganda qoʻllarini fotihaga ochdi-da:
— Robbano... ihdinas-sirotal mustaqiym... — deb duo qildi.

Zohid beixtiyor ravishda duoga qoʻshilib, kaftlarini yuziga surtdi.
— Qalay birodar, salomatmisiz, ahli baytlar omonmi? — deb soʻradi Botirov.
— Rahmat, yuribmiz... — dedi Zohid.
— Alhamdulillah, — dedi Botirov.

Zohid yana ajablandi. Xizmati davomida koʻp odamni tergov qildi, suhbatlashdi. Lekin hech bir tergovni bunday tarzda boshlamagan edi. Shu paytgacha birov unga «hol-ahvol soʻrash odobi bizda ham bor», demagan edi. Afsus yeri shundaki, buni oʻzi ham oʻylab koʻrmabdi. Hozir, Botirovning odobi unga bir dars boʻlib, ahvol soʻramakligi lozimligini uqdi.
— Oʻzingizning ahvolingiz qanday?

Zohidning bu gapi odob ohangida emas, soʻroq tarzida eshitildi. Soʻroqlarga koʻnikib qolgan, tergovchidan lutf kutmagan Botirov bu ohangga e’tibor bermadi.
— Alhamdulillah, — dedi u, soʻng qoʻshib qoʻydi: — Yaratganga shukr.

Zohid bu shukronani eshitib, unga tikilib qoldi. Qamoqda yotgan odamning Xudoga shukr qilishi uni chindan ajablantirdi. Odatda ishi qayta koʻrilayotgan odam tuhmat jabrini chekayotganidan shikoyat qilardi. Bu esa... «Til uchida aytyaptimi yo dildanmi?»
— Ha, birodar, tikilib qoldingiz? — dedi Botirov.
— Tikilib qolganim... ochigʻini aytsam, «Yaratganga shukr», deganingizga hayron boʻlyapman.
— Astagʻfirullah! Nima uchun hayron boʻlyapsiz? Siz... musulmon emasmisiz?

Zohid shu yoshga kirib, bunday savolga duch kelmagan edi. Shu bois ayb ustida qoʻlga tushgan boladay shoshilib qoldi.
— Musulmonman...
— Alhamdulillah, musulmonsiz, — deb toʻldirdi Botirov.
— Ha, alhamdulillah, musulmonman, — deb kamchiligini tuzatdi Zohid, — lekin... ochigʻini aytsam, namoz oʻqimayman.
— Olloh sizni va siz kabilarni oʻzi isloh etsin. Siz «Bu qanaqa tentakki, qamoqda oʻtirib shukr qilsa», deb fikr qilayotgan boʻlsangiz ajab emas. Sizdan «musulmonmisiz» deb soʻraganimning boisi shundan iboratki, har bir muslim har nafasida Yaratganga shukrlar qilmogʻi farzdir. Siz tongda uygʻonganingizda Rabbimga shukr qilasizmi?
— Yoʻ-oʻq, — deb tan oldi Zohid.
— Shunisi yomon-da. Axir bir oʻylab koʻring: agar Olloh iroda etmasa uygʻonmaysiz-ku? Uyqu — yarim oʻlim demak. Qanchadan-qancha insonlar tunda uyquga ketadilar, ammo uygʻonmaydilar. Buni oʻylab koʻrmagandirsiz, a? Necha yuz yoki ming inson ertalab xizmatiga ketadi. Uyiga esa qaytmaydi. Koʻchadami yo xizmat joyidami omonatini topshiradi. Siz bilan gaplashib turgan shu damda qancha odam nafas oldi-yu, nafasga qoʻshib jonini ham chiqardi. Shunday ekan, yolgʻiz Ollohga shukr qiling. Qamoq esa... Bu Rabbimning sinovlaridan biri. Rabbim Haq-taolo aytadiki: «Ey, bandalarim, men bandalarim ichidan bir moʻ'min kishini biron musibat yetkazib imtihon qilsam, u menga hamd aytib, mening imtihonimga sabr qilsa, u oʻsha joyidan turganida gunohlaridan onasi tuqqan kunidek pok boʻlib turadi». Bu kalomning ma’nosini angladingizmi? Toʻgʻri, menga zulm qildilar. Lekin ular qiyomatda shunga yarasha oʻz ajrlarini oladilar. Men ulardan nolimayman. Ularni qargʻamayman. Olloh menga shu qamoqni lozim koʻribdimi, shunisiga shukr. Chunki bundan battar zulmga roʻbaroʻ boʻlganlar bor.

Zohid uning gaplarini diqqat bilan eshitib, oʻylandi. Nazarida Botirov hali oʻttizga kirmagan yigit emas, oltmish yoki yetmish yillik umr yoʻlini bosib oʻtgan, oq-qorani yaxshi ajrata oladigan donishmand bir moʻysafidday tuyuldi.
— Uzrliman, birodar, men sizni asl maqsadingizdan bir oz chalgʻitdim. Soʻraydiganingizni soʻrayvering. Har ikkimizni Haq yoʻlidan adashtirmaslikni yolgʻiz Ollohdan soʻraylik.

Mahbusni soʻroq qilgani kelgan tergovchi bu gaplardan soʻng noqulay ahvolga tushdi. Soʻroqni boshlagisi kelmadi. Buni sezgan Botirov yana:
— Soʻrayvering, birodar, — deb qoʻydi.

Zohid xayolini jamlash uchun qogʻozlariga tikildi. Bir oz fursat shu zaylda oʻtgach, boshini koʻtarib Botirovga qaradi:
— Botirov, birinchi marta nima uchun qamalgan edingiz?
— Birinchi martami?.. Bu juda eski gap-ku, birodar?
— Eski boʻlsa ham bilishim kerak.
— Qogʻozda yozilganlari toʻgʻri. Men oʻshanda zulm qilganman. Oʻsha yigitning biqiniga mixburagichni sanchib olganman. Yosh edim, tezlik qilganman.
— Dastlabki tergovda «Bu yigitlar yomon haqorat qildilar», degansiz. Batafsilroq aytib bera olasizmi?
— Batafsilmi?.. Shartmi shu?
— Shart.

Botirov boshini quyi egdi. Uning bu holatidan oʻtmishini eslashga mayli yoʻqligi sezildi. Zohid «Mayli, xayolini jamlab olsin», degan fikrda unga boshqa gap qoʻshmadi. Bir-ikki daqiqalik sukutdan soʻng Botirov boshini koʻtardi. Ana shunda Zohid uning koʻzlarida begʻuborlikni, yuzlarida esa ajib nurni koʻrdi.
— Oʻsmirlikning choʻqqisiga yetganimda oʻzimga yarasha qaysar edim. Xudo meni kuch-quvvatdan qismagan edi. Shayton alayhila’na esa meni kibr bulogʻi suvidan sugʻorib turar edi. U paytlarda men bularni anglamas edim. Oʻzimga bino qoʻyib yuraverardim. Oʻsha kezlari bir birodarimning akasi uylanadigan boʻlib, toʻyda xizmat qildik. Toʻyda xizmat qilish oʻzimga ham yoqardi. Oʻzimni katta odam his qilib, bir-ikki qultum shaytonning suvidan ham tatib turardim. Oʻsha toʻyda bir ulfat menga keragidan ortiqroq xizmat buyurdi. Nazarimda ular meni kalaka qilayotganday tuyulib, aytganlarini bajarmay qoʻydim. Ularga bu malol keldi. Bittasi chaqirib, soʻkdi. Men javob qaytardim. Xullas, toʻy oxirlagach, koʻchaga chaqirishdi. Tap tortmay tashlashdim. Toʻrt yigitga bas kelolmadim. Mashinalariga bosib, ovloq bir joyga olib borishdi. Urishdi. Xullas, qoʻl-oyoqlarimni bogʻlab... yechintirishdi... Shunda insoflirogʻi ularni toʻxtatdi. Qoʻl-oyogʻimni yechdi. Mashinada yana gap talashib, olishib ketdik. Shunda qoʻlimga mixburagich tushib qoldi. Ey-y... — Botirov bosh chayqadi. — Shaytonga bandi boʻlganingda koʻzingga hech narsa koʻrinmas ekan. Menga xayrixoh boʻlgan, qoʻl-oyoqlarimni yechgan, ogʻaynilarini insofga chaqirgan yigitning biqiniga sanchib olsam-a... Ular yaralangan ogʻaynilarini kasalxonaga eltib, meni mahallamga olib kelib rosa tepkilashdi. Uyga bir ahvolda kirib bordim. Adam rahmatli safarda edilar. Akam, onam yuvib-tarab, yaralarimga malham qoʻyib, yotqizishdi. Bir hafta oʻrnimdan turmadim. Sal oʻzimga kelgach, milisaga olib ketishdi.
— Bir haftagacha sizga hech kim hech narsa demadimi?
— Yoʻq.
— Siz doʻxtirga ham uchramadingizmi?
— Yoʻq... Men u yigitlarning nayrangini tushunmabman. Oʻzimga kelib olishimni kutib turib, soʻng milisaga aytishgan-da. Mayli, men ulardan xafa emasman. Zulm qildimmi, jabrini tortishim kerak edi. Men oʻshanda qozilardan ranjigan edim. Hozir ulardan ham xafa emasman. Roziman, hammasidan.
— Nimaga? — deb ajablandi Zohid.
— Axir ular adolat qilisha olmas edilar. Odam adolat qilmogʻi uchun musulmonsheva boʻlishi shart. Haq yoʻlida turishi kerak, yuragida iymon nuri, tilida Ollohning zikri boʻlishi kerak. Busiz qanday adolat qilsin? Bunaqa odamlarga mening rahmim keladi. Ollohdan ularni isloh qilmogʻini soʻrab duolar qilaman.
— Demak, sizga birinchi safar tuhmat boʻlmaganmi?
— Yoʻ-oʻq... Bir jihatdan qamalganim yaxshi natija berdi. Qamoqxonada koʻzim ochildi. Shukrki, iymonli odamga duch kelib, Haq yoʻlini tanidim. Shaytonga qullik qilmaydigan boʻldim, nafsim bilan jihodga kirishdim. Bilmadim, birodar, siz bunga tushunarmikinsiz... ammo men baxtimni oʻsha qamoqda topdim.

«Bema’nilik, — deb oʻyladi Zohid. — Qamoq — jazo. Baxt topadigan joy emas. Buning esi ogʻib qolganga oʻxshaydi».
— Gaplarim bema’niga oʻxshaydi, a? — dedi Botirov xuddi uning fikrini uqqanday. — Ammo Haq yoʻlidagi har qanday odam gapimni tasdiq etishi mumkin. Birov pul topsa, birov katta mansabga yetishsa, birov yaxshi koʻrgan qiziga uylansa.... baxtimni topdim, deydi. Ular — adashgan bandalar. Baxtning chin ma’nosini anglamaydilar. Eng ulugʻ baxt — Haq yoʻlini topish, oʻzini, butun olamni yaratgan Robbisini taniy boshlash emasmi? Bu baxtdan benasiblik nimani anglatadi, bilasizmi?

Zohid soʻroq qilishi lozim boʻlgan bu mahbusning gaplarini tinglay turib, bobosini esladi...

...Sadaqayragʻoch kabi oʻsgan oq oʻrik... Supaga toʻshak toʻshalgan. Bobosi... koʻzoynakning singan bandi oʻrniga ip tortib qulogʻiga ilgan. «Qani, doʻngpeshonalar, oʻtiringlar-chi, eshitinglar-chi...» Hozir bobosi shunday deb chorlaganday boʻldi. Soʻng koʻp marta takrorlagan gaplarini aytdi: «Olloh taborak va taolo insonlarni sinamoq uchun bu dunyoga yuborgan...»

«Bu yigit ham sinovni gapirdi. Sinovdan kim oʻtadi? Faqat shu yigitga oʻxshaganlarmi? Biz-chi? Men adolat izlab gangib yuribman. Topamanmi uni? Topganim — sinovdan oʻtganimmi? Sinovdan oʻtganim — baxtimmi? Baxt tushunchasi shunchalar tormi?»
— Men farzand koʻrganimda oʻzimni baxtli his qilgan edim, — dedi Zohid, masalani oʻzi uchun oydinlashtirib olish uchun. — Men ham adashganmanmi?
— Sizga bu baxtni kim berganini anglaganmisiz? Unga shukr etganmisiz? — dedi Botirov unga sinovchan tikilib.

Qamoqxonaning zax xonasida, dimiqqan havoda nafas olib, ularning baxt masalasini oydinlashtirishga kirishishlari ajab hol edi. Ular jisman bir xonada, ammo ruhan ikki olamda edilar. Shu holatda baxt xususida yagona tushunchaga ega boʻlmoqlari mumkin emasdi. Ayniqsa Zohid mahbusning baxti nimada ekanini his qila olmas edi. Yanada oydinroq aytilsa, mahbusning baxtli boʻlishi mumkinligi uning uchun yot tushuncha edi.

U hissiyotga berilib, asl maqsadidan uzoqlashayotganini his etdi. Botirov uning koʻziga begunoh farishtaday boʻlib koʻrina boshlagan edi. Unga «Mahbusni yaxshi xislatlarini izlama, yaxshi fazilatiga yoʻliqqan chogʻingda koʻzlaringni yumginu soʻroqni davom ettir», deb ta’lim berishgan. Har qanday darajadagi mahbusdan bir pogʻona balandda turib soʻroq qilishi lozimligini ham unutgani yoʻq. Lekin Botirov ostona hatlab kirgan onidan boshlab uni chalgʻitib yubordi.

Zohid bu «dars»larga hamisha amal qilmasa-da, hozir xonasi kelganini angladi. Xayolini jamlab, «Sen u bilan bahslashgani kelmagansan, sen soʻroq qilgani kelgansan. Mahliyo boʻlma. «Oʻgʻri qarisa — soʻfi boʻladi», degan maqol bor. Bu ham qilgʻiliqni qilib qoʻyib, keyin mullaga aylangandir balki...», deb oʻziga-oʻzi tanbeh berdi. Soʻng tergovchi qiyofasiga kirdi:
— Botirov, — dedi u rasmiy ohangda, — siz bir qizni zoʻrlashda, soʻng uning puli, kiyimlarini oʻgʻirlashda ayblanasiz. Aybingizga iqrormisiz?

Botirov suhbat mavzuining, gap ohangining keskin tarzda oʻzgarganidan ajablanmadi, balki «asl qiyofasiga kirdi», deb oʻylab kulimsiradi. Zohid bu kulimsirash zamirida yotgan achchiq kinoyani uqdi. «Nimaga kulyapsiz?» deb ham soʻramoqchi boʻldi. Biroq, yana gap chuvalishi mumkinligini anglab, savolini takrorladi:
— Aybingizga iqrormisiz?
— Odam yoʻq aybiga iqror boʻlishi mumkinmi?
— Harholda sizga shunday ayb qoʻyib, qamashgan. Qiz ham tanish chogʻida sizni adashmasdan koʻrsatgan.
— Lekin u keyingi koʻrsatmalarida tongan. Sudda ham «Zoʻrlagan bu odam emas», degan. Ammo qozilar uning gaplariga e’tibor berishmadi. Sizlarning ishingiz qiziq. Qiz «Bu emas», deb tursa-yu, ish ustida boʻlmaganlar, «Yoʻq, shu edi», deb ishontirmoqchi boʻlsa... Shunchalar ham tuhmat boʻlarmi? Yo Rabbim, ularga oʻzing toʻzim ber. Men bir narsaga ajablanaman, birodar, nima uchun tuhmatga osongina ishonasizlar-u, haqiqatga inonishdan boʻyin tovlayverasizlar?

Haqiqatdan qochish — doʻzax olovi sari bir qadam qoʻyish emasmi, vallohi a’lam?
— Qizning keyingi gaplarini haqiqat deyapsizmi?
— Siz ham ishonmaysizmi? U holda yana qayta tergov qilishingizdan naf bormi? Ishonchsiz qoʻllar bilan adolat eshigini ochaman, deb fikr qilyapsizmi?
— Quruq gap bilan haqiqatni isbot etib boʻlmaydi. Hozircha mening ishonchimni bir chetga qoʻyib turaylik. Qiz balki keyin qoʻrqitilgandir. Balki pul berilgandir... Shunday boʻlishi mumkin emasmi?
— Mumkin emas! — dedi Botirov qat'iy tarzda.
— Bizning ishimizda bunaqa gapidan qaytishlar koʻp uchraydi.
— Sizning ishingizda balki koʻp uchrar. Ammo mening «Ish»imda bunday boʻlmagan. Bizning u qizga beradigan pulimiz yoʻq. Puldor oila boʻlganimizda birinchi safar qamatib qoʻyishmasdi. Puldor boʻlmaganimiz ham yaxshi ekan. Yoʻqsa, quloqlarimizgacha gunohga botar edik.
— Qoʻrqitish-chi?
— Pulsiz oila zoʻravon boʻlarmikin? Uni kim qoʻrqitadi? Onammi? Siz... onamni koʻrdingizmi? Bir koʻring... Gaplashing... Akam bilan ham gaplashing... Akam... Agar qoʻllarini chivin chaqib turganini koʻrsalar, avval: «Shu chivinni oʻldirish mumkinmi?» deb domladan soʻrab oladilar. Shunday odam qizni qoʻrqitarmikin?
— Unda sabab nima?
— Xudoning oʻzi qizni toʻgʻri yoʻlga solgan, vallohi a’lam. Tuhmat tufayli qanday gunoh botqogʻiga botayotganini bilgandir. Siz uning oʻzi bilan gaplashdingizmi?
— Gaplashdim.
— Nima dedi?

Zohid unga «Tergovchi menmanmi yo sizmisiz?» deganday savol nazari bilan qaradi. Botirov bu qarashning ma’nosini uqib, boshini egdi.
— Voqea sodir boʻlgan kuni, ya’ni 1986 yilning yigirma birinchi dekabrida qaerda edingiz?
— Uch marta sud boʻldi. Ungacha necha marta soʻrashdi. Yaxshilik bilan ham soʻrashdi, yomonlik bilan ham soʻroq qilishdi. Har safar toʻgʻrisini aytdim. Ikkinchi sudda gapimga ishonib oqlashdi. Lekin adolat qilgan sud yana buzildi. Uchinchisi yana qoʻshib berdi. Men hech qachon iqror boʻlmaganman. Qiz ham ayblovni rad etdi. Lekin... Siz yana soʻrayapsiz. Hammasi qogʻozlaringizga yozilgan-ku?
— Yozilgan boʻlsa ham savolimga javob bering.
— Oʻsha kuni ustozimni Ollohning huzuriga kuzatgan edik.
— Aniqroq ayting.

Botirov boshini koʻtarib, Zohidga norozi qiyofada boqdi.
— Ustozimning janozalari boʻlgan edi, — dedi sal qoʻpolroq ohangda.
— Ustozingiz kim?
— Ne’matilloh alloma.
— Qaysi qabristonga qoʻygansizlar?
— Qabristonning nomi esimda yoʻq.
— Janozani qaysi masjidda oʻqidinglar?
— Janoza hovlida oʻqilgan.
— Nima uchun masjidda oʻqilmadi?
— Jamoat koʻp edi... Undan tashqari... oʻshanda masjid berkitilgan ekan.
— Ustozingizning uyi qaerda edi?
— Bu shaharda emas...

Botirov aytdi. Zohid daftarchasiga yozib oldi.
— Havo qanday edi oʻsha kuni?
— Sovuq edi. Maydalab qor yoqqan edi.
— Janozani kim oʻqigan edi?
— Abdunabi qori. Ustozning eng yaqin shogirdlari.
— U sizni koʻrganmi?
— Koʻrgan. Uch kun birga boʻlganmiz.
— Bularni nima uchun tergovda aytmagansiz?
— Aytganman. E’tibor berishmadi. Sudda ham Abdunabi qorini chaqiringlar, dedim. Xoʻp, deyishdi-yu, chaqirishmadi.
— Oʻsha kuni ustingizdagi kiyim qanday edi?
— Ustimda... palto, oyogʻimda mahsi-kalish. Boshimda telpak. Qoʻngʻir quyon terisidan. Ust-boshim sizlarda... uyda emas.
— Qabristonni eslang-chi. Qaysi koʻchalardan yurib boriladi? Jasad qaerga qoʻyilgan? Yoʻl boʻyidami, biron daraxt yaqinidami? Balki oʻrindiqlar bordir?
— Oʻrindiqmi?.. Oʻrindiqning oyoqlari bor edi. Taxtalari sugʻurib tashlangan ekan. Qabristonga kelib Qur'on oʻqilmasin, degan buyruq boʻlgan ekan.

Botirov Zohidning maydalab soʻrashidan dastlab gʻashlandi. Soʻng koʻngliga chiroq yoqilganday boʻldi. «Harholda bu yigit qoʻl uchida ish yuritadiganga oʻxshamaydi. Ikir-chikirlarga qiziqayotganidan yaxshilikni umid qilish mumkin», deb oʻylab barcha savollarga erinmay javob qaytardi. Zohid uning aytganlarini qogʻozga yozib olib, suhbat soʻnggida imzo chektirdi. Tergov yakunlanganini anglagan Botirov yana «Yo Robbim, barchalarimizni oʻzing isloh ayla!» deb duo qildi.

«Men uning oʻrnida boʻlganimda Xudodan tergovchilarga insof berishini soʻragan boʻlardim», deb oʻyladi Zohid. U oʻnlab jinoyatchi, guvohlarni soʻroq qilib, bugunchalik qiynalmagan edi. Nazarida bu mahbus ogʻir bir toshni uning yelkasiga qoʻyib chiqqanday tuyuldi. Bu qanday tosh — gunohlar toshimi yo mas'uliyatmi, bilmadi. Lekin ogʻirligini his etdi. Tobora choʻkib borayotganday boʻldi. Yelkalarini tosh ezib, zirillab ogʻrita boshladi...

4

Soʻroqxonadan chiqib kelayotgan Zohidga soqchi boshliq yoʻqlayotganini ma’lum qildi. U «Biror rasmiyatchiligi bordir», degan fikrda qamoqxona boshligʻi xonasi tomon yurdi. Boshliq respublika prokuraturasidan yoʻqlashgani, hoziroq yetib borishi zarurligini bildirganda «Hosilboyvachchaning murdasi topildimikan?» degan xayolga borib, Said Qodirov bilan uchrashuvga shoshildi.

Said Qodirovning stoli usti odatdagiday tartibli emasdi. U bir necha «Ish» toʻplamlarini yoyganicha nimalarnidir yozish bilan mashgʻul edi. Eshikni taqillatib kirgan Zohidga bir qarab olib, ishini davom ettirdi. Zohid xalal bermaslik uchun iziga qaytmoqchi edi, u qogʻozdan boshini koʻtarmaganicha «Kiring, oʻtiring», dedi. Zohid yumshoq kursiga choʻkib oʻtirganida «Qahva tayyorlab iching», deb qoʻydi. Zohidning qahva ichgisi yoʻq edi. Shu bois oʻrnidan jilmadi. Yarim soat davomida xonaga sukunat hukmronlik qildi. Qogʻozning shitirlashi, Said Qodirovning dam-badam tomoq qirib qoʻyishi sukunat hukmronligi mutlaq emasligidan darak berardi.

Said Qodirov ishini yakuniga yetkazgach, qoʻlidagi qalamni stol ustiga tashlab, kerishdi. Soʻng koʻzlarini uqalab olib, Zohidga qaradi:
— Uzr, kattaning topshirigʻi. Betoqat boʻlib kutib oʻtiribdi. Yuqoriga chiqishi kerak ekan. Ishlaringiz qalay?
— Yomon emas.
— Yaxshi ham emas. Sharif Namozov degan odamni taniysizmi?
— Ha. Vinzavod direktori. Prokuraturaga oʻtganimda birinchi boʻlib shuning ishi bilan shugʻullanganman.
— «Ish»ni oxiriga yetkazganmidingiz?
— Yoʻq.
— Nima uchun?
— Vinzavod direktori tuhmat qilganini boʻyniga olgan ekan. Lekin... «Ish»ni men yopmaganman. Nega soʻrayapsiz?

Krasnoyarskka yuborilgan. Hujjatlar qalbaki ekan. Moskvadan tergov guruhi kelgan. Boshligʻi naq Azroilning urgʻochisimi, deyman. Balki sizni hozir kutib oʻtirgandir. Har bir gapingizni oʻylab gapiring. U bilan oʻchakishmang. Eski odatingizni qilib haqiqat talashmang. Moskvadan keladiganlarga haqiqat kerak, deb yanglishmang. Ularda ham nafs bor.
— Tushunmadim? Nima, unga pora berishim kerakmi?
— Men unaqa deganim yoʻq. Safsata sotmang, ularga haqiqat kerakmas, deb ogohlantirmoqchiman, xalos. Oshiqcha gapirib yubormasangiz bas. Uyushgan jinoyatchilik haqida umuman gap ochmang. Siz bu haqda hech nima bilmaysiz.
— Shuni aytgani chaqirtirdingizmi? — dedi Zohid norozi ohangda.
— Ha. Yana qaytaraman: ehtiyot boʻling. Hozirgi ishlarimizning isini chiqarmang.

Said Qodirov shunday deb qogʻozlarini yigʻishtira boshladi.
— Ketaveraymi? — dedi Zohid.
— Ha. Aytmoqchi, Sharipov hibsda, buni ham bilib qoʻying.

Zohid tashqariga chiqib, sovuqdan junjikdi. Said Qodirovning maxsus chaqirib ogohlantirishi unga ortiqchaday tuyuldi. «Buncha vahima qiladi. Men qoradori boʻyicha «Ish» ochdim. Hammasi qonuniy boʻldi. Uni boshqalar chiqarishdi. Vinzavod hujjatlarida qalbakilik boʻlsa, mening nima aloqam bor?»

Ishxonasiga borguniga qadar shu fikrda boʻldi. Faqat xonasiga yaqinlashganida eshik ogʻzida ikki notanish yigitni koʻrib ogohlantirishning bejiz emasligini angladi.

Eshik ochmoqchi boʻlganida yigitlardan biri yoʻlini toʻsdi-da:
— Kimsiz? — dedi dagʻal ohangda.

Zohid oʻzini tanishtirib, guvohnomasini koʻrsatgach, uning oʻzi eshikni ochdi. Zohid oʻzining oʻrnida oʻtirgan ayolni koʻrib «Maskovdan kelgan Azroilning urgʻochisi shumi?» deb oʻyladi. Zohid ichkari kirib, orqasidan eshik yopilgach, mallasoch oʻrnidan turdi.
— Arina Berger, SSSR prokuraturasidanman, — dedi-da, stol ustidagi qutidan sigaret olib, labiga qistirdi.
— Sharipov, — dedi Zohid, oʻzini tanishtirish maqsadida.
— Sharipovligingizni bilamiz, oʻtiring, — dedi Berger sigaret tutatib. Soʻng stolga omonat oʻtirdi-da, unga tikildi.
— Ish paytida qaerlarda yurganingizni rahbarlar bilishmaydimi?
— Ish paytida ish bilan shugʻullanamiz, — dedi Zohid uning qiligʻidan gʻashi kelib.
— Qaerda edingiz?
— Shahar turmasida.
— Siz Sharipovsiz... Sharif Namozov kimingiz boʻladi? Sharif... Sharipov...
— Oʻzbeklarda bunday ism koʻp uchraydi. Ruslarning Ivaniga oʻxshaydi.
— Shunaqa deng? Ruslarga oʻxshasa yaxshi... Demak, Sharif Namozov kimingiz boʻladi?
— Hech kimim, begona odam.
— Hali «Uni tanimayman» ham dersiz?
— Taniyman.
— Qiziq... darrov tanishingiz qiziq?
— Prokuraturadagi birinchi ishim. Hali bir yil ham boʻlgani yoʻq. Xotiram ham yaxshi, nolimayman.
— Xotirangiz yaxshimi? Bu juda goʻzal! Hozir sinab koʻramiz. Mushuk-sichqon oʻynaymizmi yo toʻgʻrisini ayta qolasizmi?
— Nimaning toʻgʻrisini?
— Tushunmayapsizmi? Yaxshi, loʻnda qilib aytaymi? Gap shu boʻlmasa: qamoqdan chiqarib yuborganingiz uchun Sharif Namozov sizga qancha haq toʻladi?

Bunday ahmoqona savolning bu qadar bezbetlarcha berilishini Zohid kutmagan edi. Savol xanjar boʻlib yuragiga sanchilib, bir burab olinganday boʻldi.
— Bunaqa savolni... hazillashib ham berib boʻlmaydi, — dedi u gʻazabini ichiga yutib.
— Men hazillashayotganim yoʻq, — dedi Ber- ger. — Siz bilan hazillashay deb ikki qit'ani bosib kelganim ham yoʻq. Meni haqiqat, faqatgina haqiqat qiziqtiradi. Xotiringiz jam boʻlsinki, men uning tagiga yetaman. Xoʻsh, yana oʻsha savolga qaytamiz?
— Namozov ishini men boshlaganman. Lekin uni qamoqdan men chiqarmaganman.
— Bilaman. Bu Keldievning ishi. U bilan gapimiz boshqacha boʻladi. Men siz — oʻzbeklarni yaxshi bilaman. Biringiz ikkinchingizga oshirib turasiz. «Ish»ni siz ochgansiz, agar rozilik bermasangiz Keldiev yopa olmas edi. Xoʻsh, nima uchun rozi boʻldingiz? Roziligingizning narxi qancha?
— Siz men bilan bu tarzda gaplashmang, haqqingiz yoʻq! — dedi Zohid, bu safar gʻazabini yashira olmay.
— Nimaga haqqim boru nimaga yoʻq, sendan yaxshiroq bilaman, — dedi Berger oyoqqa qalqib. — Sen pokmisan? Pok boʻlsang nima uchun indamay turding? Nima uchun yuqoriga yozmading? Haqqing bor edi-ku?
— Bu mening xatoim boʻlishi mumkin.
— Har bir xatoning oʻziga yarasha haqi boʻladi.
— Men shu paytgacha birovdan pora olmaganman, bundan keyin ham olmayman.
— Bunaqa kulgili choʻpchaklarni bolalar boqchasiga borib aytish kerak. Men bola emasman, SSSR Prokuraturasidanman! Bu «Ish», azizim, sen oʻylaganchalik hazil ish emas. Bilib qoʻyganing yaxshi: «Oʻzbek ishi»ning ikkinchi sahifasi ochilyapti. Hali koʻp odam boradi boradigan joyiga. Oʻrtoq Gdlyan aytgan: senlar bilan odam tilida gaplashib boʻlmaydi. Senlar odam tilini bilmaysanlar. Gap shu: Namozov tan oldi. Senga ellik ming bergan ekan. Ertaga ertalab mana bu yerga, — Berger stol ustini shapatilab qoʻydi, — yigirma besh mingni qoʻyasan. Kelishdikmi?

«Bu Azroilning urgʻochisi nimalar deb valdirayapti? Pora soʻrayaptimi yo sinamoqchimi? Sharipov bermagan narsasini «Berdim» degan boʻlsa-chi? Qiynoqqa olgan boʻlsa, aytib yuborishi hech gapmas. Xoʻsh, aytsa nima? Bir ahmoqning gapi haqiqat emas-ku?»
— Kelishdikmi? — dedi yana Berger uning oʻyga berilganini koʻrib.
— Yoʻq, kelishmadik, — dedi Zohid qat'iy ovozda.— Men undan sariq chaqa ham olmaganman.
— Men ayol boʻlsam ham sen bilan erkakchasiga gaplashyapman. Sen esa xotinga oʻxshab chaynalyapsan. Erkakmisan oʻzing? — Berger qoʻlidagi sigaretni pastga tashlab, etigining uchi bilan ezdi. — Yaxshi. Ertalabgacha oʻyla. Men senga shans beraman: kamerada emas, uyingda oʻylaysan.
— Oʻylashning hojati yoʻq: undan hech narsa olmaganman.
— Gʻirt ahmoq ekansan! Sen men bergan shansdan foydalanishni istamadingmi? — Berger savoliga javob kutmay, dahlizdagi yigitlardan birini chaqirdi:— Vlad!

Kiraverishda Zohidni toʻsgan qoruvli yigit hayallamadi. Eshikni ochib, ichkariga bir qadam qoʻydi.
— Olib chiqib, kameraga tiq buni. Xom kallasini pishitib olsin. Bir tishlam non, bir xoʻplam suv ham berilmasin.

Zohid ishning bunaqasiga aylanishini kutmagan edi. Shu sababli gangib qoldi. Soʻng oʻrnidan sapchib turdi-da:
— Haqqingiz yoʻq! — dedi, ovozini bir parda koʻtarib.
— Haqqim bor, — dedi Berger kibr bilan.
— Prokuror ruxsatnomasini koʻrsating, — deb talab qildi Zohid.
— Ruxsatnomami? — dedi Berger, soʻng ikki barmogʻi orasiga bosh barmogʻini qistirib Zohidning burniga taqadi. — Mana senga ruxsatnoma! Men SSSR prokuraturasidanman, shuning oʻzi senga kifoya emasmi? Vlad, olib chiq.

Zohid qarshilik qilish befoyda ekanini bilib, Vladning oldiga tushdi.

1

Asadbek tush koʻrdi.

Qabriston... Ruhi shodlar va qabr azobini chekayotganlar diyori. Bu doʻngliklar odamlarning jasadlari bilan birga qancha sir-sinoatlarni yashirgan ekan? Boylik yoʻlida hech narsadan qaytmagan ham, bir burda nonga muhtoj boʻlganlar ham shunda. Unisining ham, bunisining ham boshida guvala...

Oʻrkach-oʻrkach hisobsiz doʻnglik — hisobsiz qabr, hisobsiz taqdir, hisobsiz ajr...

Ayrim qabrlar ustida ajib nur jilva qiladi. Asadbekning koʻzlari bu nurdan qamashadi. Nur oppoq qushlarga aylanib, charx ura boshlaydi. Asadbek onasining qabrini izlaydi. Ikki qabr... Yonma-yon... Qora marmartosh qoʻyilgan. Biri onasiniki, kichikrogʻi Samandarniki... Ajab manzara: bu qabrlar ustida oppoq qushlar charx urmaydi. Aksincha, olov tillari koʻrinadi. Kimningdir oh urgani eshitiladi. Asadbek bu ovoz egasini taniydi: onasi! Samandarning oʻlimidan soʻng uyqusiz tunlarda shunday oh chekardi. «Yotgan yerlarida ham oh uryaptilarmi?» Asadbek ajablanib qabr sari yuradi, yuraveradi. Qabr esa undan qochgandek chekinadi, chekinaveradi... Soʻng... olov tillari oʻrnida onasi koʻrinadi. Qoʻlida Samandar — xasta Samandar. Koʻzlari yumuq. Harakat sezilmaydi. Jonsiz Samandarmi? Soʻng... otasi...
— Ada? — deb ajablanadi Asadbek, — Siz ham shu yerdamisiz?
— Hammamiz birgamiz, toychoq, — deydi otasi jilmayib.
— Yaqinda men ham kelsam kerak, — deydi Asadbek.
— Kelasan... Men kutyapman. Senga chena yasab qoʻyibman... Chenada uchishni sogʻindingmi?
— Sogʻindim ada...
— Bolam, qiynalib ketdingmi? — deydi onasi.
— Qiynaldim, — deydi Asadbek.
— Kela qol, adang chenada uchiradilar. Qara, yogʻoch chena yasabdilar oʻzlari.

Asadbek atrofga alanglaydi. Chana koʻrinmaydi. Ba’zi qabrlar ustida charx urayotgan oq qushlarga ajablanib qaraydi:
— Bular qanday qushlar? — deb soʻraydi Asadbek.
— Bular shu qabrlarda yotganlarning ruhlari. Ular u dunyoda solih farzandlar qoldirganlar.
— Siznikida olov koʻrdim?..
— Oh... bolam... sen qabr azobi nima ekanini bilmaysan...
— Sizlar bu dunyoda halol yashadingiz, umrlaringiz azob bilan oʻtdi. Yana qanday azob boʻlishi mumkin?
— Solih farzand...
— Tez-tez xudoyi qilaman, qoʻylar soʻydiraman, machit qurdiryapman.
— Bu yetarli emas, bolam... Solih farzand amali...
— Solih farzand amali? Nima bu?..

Onasi javob oʻrniga «Oh!» deb qoʻyadi. Qabriston etagida oq tuyalar koʻrinadi. Tuya karvoni asta yurib qabristonni tark eta boshlaydi.
— Oq tuyalar ketishyapti, — deydi onasi afsus bilan.
— Ularni qaytarish kerak, — deydi otasi.
— Mozorimizdan avliyolar ketib qolishyapti. Odamlardan iymon koʻtarilyapti...

Asadbek oʻylandi. Avval ham kimdandir eshitib edi bu gapni. Ha, esladi: Manzura aytib edi. Onasi ham aytyapti...
— Tuyalarni qaytaraman, — deydi Asadbek.

Onasi afsus bilan bosh chayqaydi. Otasi esa:
— Sen qaytarolmaysan, — deydi.
— Qaytaraman, — deydi Asadbek oʻjarlik bilan. Keyin... yugurmoqchi boʻladi. Yuguraman, deydi-yu, zil-zambil oyoqlari oʻziga boʻysunmaydi. Kimdir qah-qah otib kuladi. Atrofiga alanglab kulgi egasini qidiradi. Bir doʻng ustida Hosilboyvachchani koʻradi.
— Ablah, sen tirikmisan, oʻlmaganmiding? — deydi Asadbek.
— Men oʻlmayman. Meni hech kim oʻldirolmaydi, — deydi Hosilboyvachcha, — yugurma, ovora boʻlma. Baribir yetolmaysan. Tuyalar ketib boʻldi.
— Yetib olaman, — deydi Asadbek. Soʻng yana yugurmoqchi boʻladi. Oyoqlari boʻysunmaydi.

Bir joyda... boʻri koʻrinadi. Nimanidir ishtaha bilan yeyapti. Asadbek toʻxtab, boʻriga tosh otadi. Boʻri osmonga boʻynini choʻzib uvlaydi. Shu asnoda u... ogʻzi qon Kesakpolvonga aylanadi.
— Haydar?! Sen nima qilyapsan bu yerda?

Kesakpolvon ogʻzidan qonni oqizib kuladi. Asadbek uning oʻljasiga qaraydi: Chuvrindi! Koʻksi yorilgan. Yuragi sugʻurib olingan...
— Haydar! Ablah! Nima qilyapsan?
— Oʻlib qolibdi, goʻshti bekorga isrof boʻlmasin, deb yeyapman. Ma, sen ham ye, yuragi shirin ekan.

Shunday deb qon tomib turgan yurakni uzatadi.
— Yoʻqol, hayvon! — Asadbek shunday deb chekinadi. Kesakpolvon esa yurakni choʻzganicha uni ta’qib etadi. Soʻng yurakni tishlab, chaynay boshlaydi...
— Yoʻqol, hayvon! Yoʻqol!..

Asadbek oʻzining baqirigʻidan oʻzi choʻchib tushdi. A’zoyi badanini ter bosgan, nafas olishi ogʻirlashgan holda uygʻondi. Xonada havo qolmagandek tuyulib, derazani ochdi. Yopirilib kirgan muzdek havo yoʻtalini uygʻotdi. Xapdori yutsa ham kor qilmadi. Yoʻtal ovozidan sergaklangan boloxonadagi yigitlardan biri choynak koʻtarib kirib, bir piyolada qaynoq choy uzatdi.

Yoʻtali bosilgach, Asadbek oʻrniga behol choʻzildi.

«Shu yoʻtal olib ketadimi endi... — deb oʻyladi u.— Bitta yoʻtalga qoʻshilib chiqadimi jonim? Shuncha toʻplagan boyligim bitta yoʻtalning evini qilolmaydimi? Dardimga davo berolmaydigan bu boylikni nima uchun yigʻdim? Bolalarim uchunmi?.. Ha, bolalarim uchun...»

«Kimning puli boʻlsa — oʻshaning kelajagi bor. Puli yoʻqda kelajak nima qilsin? Umuman... puli yoʻq odam bu dunyoda yashamasa ham boʻladi», deb yurgan odam holsizlanib yotib, oʻzini oʻzi ovutardi. Hozir unga «Puldorning ahvoli shumi? Puldor odamning kelajagi — kafanmi?» deydigan odam yoʻq. Bunday fikr qorongʻulikdagi aqlning qay bir qirralarini yoritadi. Lekin u mazkur haqiqatni tan olishni istamaydi. «Nima qilgan boʻlsam bolalarim uchun edi», deb oʻzini oʻzi ishontirmoqchi boʻladi...

«Oʻzim yoʻqchilikka chidardim. Manzura ham chidardi. Bolalar zoriqmasin, dedim. Bolalarim... oʻlim oldidan ularni koʻrish nasib etadimi? Ularga nima deyman? Ha... «Rozi boʻlinglar», deyman. Zaynab... rozi boʻlarmikin? Balki... koʻnglim uchun «roziman», der. Lekin... Men uni baxtsiz qildim. Har nima boʻlganda ham otarchiga uzatmasligim kerak edi. Mendan katta xatolik oʻtdi... Otarchini oʻldirishim kerak edi... Ojizlik qildim... Mahmudga aytib qoʻyishim kerak... Mendan keyin uni oʻldirsin... Yoʻq... Balki bundan bu yogʻiga yaxshi yashab ketishar?..

Odamlar «Kishi qachon oʻlishini bilsa, yuragi yorilib oʻladi», deyishardi. Men nimaga talvasaga tushmayapman? Nega qoʻrqmayapman? Oʻlishim aniq boʻlib qoldi-ku? Lekin qachon? Ertagami? Oʻn kundan keyinmi yo oʻn oydan keyinmi? Yoʻ-oʻq... oʻn oyga bormasam kerak. Balki... ertalabgacha oʻlarman. Yana bir yoʻtal tutsa... jonim ham chiqib ketar?..»

Shu xayollar ogʻushida yotgan Asadbek qaysi bir xudoyida, qaysi bir mulla aytgan rivoyatni esladi:

«Xorun ar-Rashiddan soʻrabdilar:
— Ichayotgan bir qultum suvingiz uchun haq soʻrasalar nima berar edingiz?
— Yarim davlatimni, — debdi Xorun ar-Rashid.
— Agar ichgan suvingiz tashqariga qaytmasa, qaytarish haqqiga nima berardingiz? — deb soʻrabdilar.
— Qolgan yarim davlatimni, — debdi Xorun ar-Rashid.
— Demak, davlatingizning qadri bir qultum suv ekan-da, — deb xulosa chiqargan ekanlar...»

Bexos yodiga tushgan bu rivoyat magʻzini avval chaqib koʻrmagan, shunchaki bir choʻpchak sifatida qabul qilgan edi. Rivoyatga yashiringan falsafani shu yotishda angladi.

«Mening davlatim esa birgina nafas, — deb oʻyladi u. — Toʻyib-toʻyib nafas olishga zor boʻlib oʻlaman. Jonim yoʻtal bilan chiqsa oʻlganimni bilmay ham qolishadi. Birov xabar olguncha sasib yotaveraman. Jagʻimni tangʻishadi, oyoqlarimni bogʻlashadi. Dod-voy... Kim yigʻlaydi?

Oʻgʻillarim uzoqda. Zaynab dod solar balki... Yana bir-ikki xotin qoʻshilar... Xotinlarning yolgʻondan boʻlsa ham yigʻlab turgani yaxshi. Boʻlmasa bu uydan oʻlik chiqqanini birov bilmaydi. Xotinlarning yigʻisisiz oʻlikning ham fayzi boʻlmasa kerak... Manzura yetib kelsa bu yogʻini oʻzi eplashtiradi! Yoʻ-oʻq... u yigʻlamaydi. Jalilning onasi oʻlgandamidi... ha, oʻshanda yigʻisini eshitib «Dodlashni ham oʻrniga qoʻyar ekansan, oʻlsam maza qilib eshitib yotaman», deb hazillashganimda «Voy adasi, xotinlar eriga yigʻlamaydi, ayb boʻladi», degan. Qiziq... nima uchun ayb boʻladi? Manzuraning yigʻlashi shart ham emas. Balki... qutulganiga shukr qilar?.. Menga tekkanidan beri boshi tashvishdan chiqmaydi. Endi yayrayman, deganida bolalarni oʻqishga joʻnatdim. Keyin chet elga yubordim. Ularni sogʻindi. Sogʻindi-yu, «Sogʻinyapman», deb zorlanishga mendan qoʻrqdi. Qiziq... urmasam ham mendan qoʻrqadi-ya... Zaynabning tashvishi uni tamom qildi. Yaxshi hamki keyingi voqealardan uzoqroqda. Bilsa yuragi yorilib ketardi. Kelinlarini boshlab kelib rohat koʻraman, deganida men choʻzilib yotsam... Bir jihatdan u kelgunicha joʻnavorganim ham yaxshi. Oʻligimni koʻrmasa bir-ikki kun yigʻlab, keyin koʻnikib qoladi... Meni tanish-bilishlarimning oʻzlari joyimga olib borib qoʻya qolishadi. Janozaga tizilishadi. Domla aql oʻrgatadi. Nima deydi? «Odam oxir-oqibat oʻlmoq uchun bu dunyoga keladi», deydimi? «Pensiyaga chiqqandan keyin namoz oʻqiyman, deb kutmanglar, mana bu birodarimiz ham pensiya yoshiga yetmabdilar. Oʻlmasingizdan oldin bir marta boʻlsa ham peshonangiz joynamozga tegsin», deydimi? Yo «Yogʻoch otga minib kelmasingizdan avval oʻz oyogʻingiz bilan masjidga kelib turing», deydimi? Keyin «Marhumning yaqinlari kim?» deb soʻraydi. Kim chiqadi? Haydarmi? Mahmudmi? Yoʻq, Jalil chiqadi. «Marhum birovdan qarz olgan boʻlsa, toʻlayman», deb soʻz beradi. Tentak. Mening kimdan qarzim bor ekan? Odamlar mendan qarz. Lekin ular qarzlarini keltirib berishmaydi. Oʻlganimdan xursand boʻlishadi. Balki oʻshalar «Tezroq oʻla qolsin» deb duo qilishayotgandir... Men... Jalildan qarzman. Ha... qarzim bor undan. Hovli-joy olib berishim kerak edi. Mahmudga tayinlab qoʻyishim kerak, mendan keyin olib bersin. Keyin... koʻtarishadi. Tobutning bir chekkasidan ushlash savob ekan. Meni koʻtarish ham savobmi? Odam yigʻiladi? Yuztami, mingtami? Shundan qanchasi xursand, qanchasi xafa?.. Joyimga yotqizishib, bir kaftdan tuproq tashlashadi. Joyim... joyim qop-qorongʻi lahadmi? Keyin... «Asadbek qanaqa odam edi?» soʻrashadi. «Yaxshi odam edi», deyishadi. Ha... Bu gaplari toʻgʻri boʻladi. Dunyodagi eng yaxshi odam — oʻlik odam. Chunki u birovga yomonlik qilmaydi...»

Shu fikrga kelgan Asadbek qaddini koʻtardi. Nazarida shu yotishida oʻlib qoladiganday tuyulib oʻrnidan turdi. Shu paytgacha oʻlimini oʻylaganida uncha choʻchimayotgan edi. Hozir lahadda yotishi koʻzi oldiga kelganda sovqotayotgan odamday etlari junjikdi. Qoʻrqdi. Oʻlimidan emas, lahadda yotishidan qoʻrqdi.

Lahad — u dunyo ostonasi. Asadbek bu ostonada oʻzini nimalar kutayotganini, qanday savol-javobga mubtalo boʻlishini oʻylamadi. U qorongʻu, zax lahadda yolgʻiz yotishdan qoʻrqdi. Nopok dil ila, imonsizlik ila oʻz umrini vayron qilishdan qoʻrqmagan odam lahadda yotishdan qoʻrqdi. Tushida onasi aytgan qabr azobi nima ekanini bilmay turib, lahadga tushishdan qoʻrqdi...

Nazarida uy torayib lahadga aylanayotganday boʻldi. Yuragi oʻynab, deraza tokchasidagi tugmani bosdi. Xastalikka chalinganidan keyin Chuvrindining topshirigʻi bilan barcha uylarga qoʻngʻiroq tugmalari oʻrnatilgan, Asadbek boloxonadagi yigitlarni shu tugmalardan birini bosib chaqirardi.

Navbatchi yigit hayallamadi.
— Jalil akangni olib kel, — dedi Asadbek unga.

Navbatchi yigit uzoqlashgach, Asadbek yana qoʻngʻiroqni bosdi-da, iziga qaytib «Labbay, Bek aka» deganicha qoʻl qovushtirgan yigitga:
— Jalilnimas, Mahmud akangni top, — deb buyurdi.

Asadbek Jalilni koʻrmoqni istagan edi. Lekin «Men pingʻillasam, u bobillasa dilim xufton boʻlar», degan oʻyda koʻngliga qarshi ish qildi.

Chuvrindini chaqirtirishga chaqirtirdi-yu, «Yarim tunda ovora qilishim shartmi?» deb oʻyladi.

Oʻzini xayolan lahadda koʻrganidan soʻng uyda yolgʻiz qololmas ham edi. U Chuvrindi kelgan taqdirda ham bu uyda koʻngli osoyish topmasligini bilib, yana qoʻngʻiroq tugmasini bosdi-da, ostonada koʻringan yigitga «Chaqirma. Mashinani olib chiq. Idoraga boramiz», dedi.

Xoʻjayinning yarim tunda kelishi Boʻtqa uchun kutilmagan holat sanalardi. Toʻgʻri, u Bek akasi kunning istalgan vaqtida paydo boʻlishi mumkinligini biladi, hamisha shunga shay turadi. Ammo uyida dam olib yotgan odamning yarim tunda yoʻlga chiqishi uni bir oz xavotirga soldi.

Zamon sal qaltislashgani sababli keyingi oylarda tungi maishatlar asosan toʻxtatilgan boʻlsa-da, ayrim koʻngli nozik akaxonlar hanuz bu yertoʻlaga qoʻnib turishardi. Bu tun ham kichik ulfat aysh surayotgan damda Asadbekning tashrifidan ogoh boʻlindi-yu, tezgina tarqalindi. Boʻtqa «Bek akam kennayimsiz sal qiynalgandirlar», degan oʻyda har ehtimolga qarshi, oʻz ta’biri bilan aytilganda ikkitagina «qushcha»ni uchirib yubormay, olib qoldi.

Videobardagilar uy-uylariga joʻnagan boʻlsalar-da, ulardan meros qolgan aroq hidi, sigaret tutunlari hali tarqamagan edi. Asadbek ichkari kirishi bilan Boʻtqani boʻralab soʻkdi.
— Yigʻishtir demaganmidim bu ishlarni! — deb, qulochkashlab urdi.

Zarba kuchli emasdi. Shu bois Boʻtqa bir tebrangan boʻldi-yu, yiqilmadi. Aslida bu zarbaga chap berishi mumkin edi, ammo xoʻjayinning muborak qoʻllari quruq qaytmasin deb jagʻini tutib bergan edi.
— Akaxonlar iltimos qilishuvdi, yoʻq deya olmadim, — dedi aybdor bolaning holatida.
— Kim u akaxonlaring?

Boʻtqa Asadbek hurmat qiladigan ikki odamning nomini aytishga aytib, «Ishqilib tekshirib qolmasin-da», deb choʻchidi. Agar bu odamlarning bugun kelmagani Asadbekka ma’lum boʻlsami, bir-ikki musht bilan qutulolmasligini u yaxshi biladi. U hojasiga yolgʻon gapirish mutlaqo mumkin emasligini yodida saqlasa ham ba’zan shunaqa aldovlardan foydalanishga majbur boʻlardi. Xayriyatki, bu safargi yolgʻoni uni malomatdan qutqardi.

Asadbek toʻgʻriga, ish yuritadigan xonasiga emas, chapdagi xos xonaga kirib, divanga yonboshladi-da, ostonada buyruqqa mahtal turgan Boʻtqaga qarab:
— Nimang bor, olib kel, — dedi.

Boʻtqa shu turishida egasining koʻziga moʻltillab qarab, dumini likillatayotgan koʻppak holatida edi. U hojasining koʻngli nima tusayotganini bilganday videoga xorij filmini qoʻygach, dasturxon tuzash tadorigini boshladi. Oʻzi oshxonada masalliqlarni tayyorlab turdi. Olib qolgan ikki «qushcha»si esa xizmatda boʻldi. Oq harir koʻylakdagi «qushcha»lar xonaga goʻyo suzib kirdilar. Ichimlik, yemaklarni karashma bilan qoʻyib, karashma bilan chiqdilar.

Asadbek bu yoqqa kelayotganida qizlar bilan maishat qilishni oʻylamagan edi. Uning maqsadi uyidan sal chetroqda boʻlish, koʻz oldiga keltirgani — lahadda yotish manzarasidan uzoqlashish, biror piyola aroqni simirib sarxush boʻlish edi. Qizlarni koʻrgach vujudida shahvat uygʻona boshladi. Yaqindagina lahadda yotishdan qoʻrqqan odam bu dunyoning jannatida huzur qilishni a’loroq deb bildi.

Adashgan bandagina hayotning lazzati sharob va zinoda deb biladi. Buning aldamchi lazzat ekaniga aqli qosir bandaning fahmi yetmaydi. Sharob va zino lazzati danak ustini yalamoq kabidir. Chin lazzat esa danak ustida emas, magʻzida ekanini anglamoq shu qadar mushkulmi? Bu danak aql bilan chaqiladi. Aql shu darajada zaifmi? Chin lazzat — ruh lazzati ekanini Asadbek ham bilmaydi. U aroqni quyib ichib, televizorga tikilgach, vujudida oʻt alanga oldi. Qizlar kirgach, birini yoniga chaqirdi. Qizlardan biri chaqirilgan boʻlsa-da, ikkinchisi noumid chiqib ketmay, dugonasiga ergashib yaqinlashdi. Boʻtqadan aniq koʻrsatma olgan «qushcha»lar bu kasalmand, behol odamning koʻnglini ovlashga tushdilar. «Bu odam xastaga oʻxshaydi, kasali yuqib qolmasmikin?» deb mulohaza ham qilib oʻtirmadilar. Yaxshi xizmat uchun yaxshi haq olishlari ularni bunday mulohazalardan benasib etardi.

Qizlardan birining labiga labini bosib, soʻng noz bilan «Oh!» deb qoʻyishi Asadbekning boshiga gurzi kabi urildi — u goʻyo qizi Zaynabning ovozini eshitganday boʻldi.

Oʻsha sharmandali kunda, uchinchi qavatda, eshik oʻrniga tutilgan parda ortidan Zaynabning shunday ovozi kelgan edi. Oradan kunlar oʻtganiga qaramay Asadbekni bu ovoz holi qoʻymasdi. Dam-badam eslab, yuragi zirillardi.

Hozir yana oʻsha ovoz...

Faqat...

Faqat hozir boshqacha ohangda eshitilganday boʻldi.

Hozir...

Hozir nechundir unda shahvat ohangi yoʻq edi.

Hozir... «Oh, otajon!» deganday nola bor edi.

Asadbekning koʻz oldi qorongʻulashdi.

Avval...

Avval chiroq oʻchganday boʻldi.

Zim-ziyo tun...

Sukunat...

Yoʻq, qora tun emas.

Qora tun chekindi.

Uning oʻrniga... qonli tun bosdi.

Oʻsha sharmandali kunda, qalbiga oʻlim baytlari yozilganini bilmay eshik oʻrniga parda tortilgan xonada ayshini surayotgan yigit tanasidan sachragan qon devordan sizib oqqani kabi qon seli bosti-rib keldi. Avval tizza boʻyi, soʻng boʻgʻzigacha chiqdi. Soʻng... tamoman qon koʻliga gʻarq boʻldi. Nafasi qaytdi.

Barchasi bir necha soniyada yuz berdi. Asadbekning boshiga urilgan gurzi uning aqlini tamoman shol qildi. Agar ikkinchi qiz ham nozli tarzda ovoz bermaganda Xudo biladi, bu shollik qancha davom etardi. Ana shu nozli ovoz ikkinchi gurzi boʻlib miyasiga urildi. Ikkinchi gurzi uning aqlini shollikdan qutqardi. Koʻz oldi ravshanlashdi. Ammo oq harir koʻylakdagi qizlar qora libosdagi ajinalar kabi koʻrinib, ularni siltab tashladi. Bunday zardani kutmagan qizlar qoʻrquv aralash qichqirib yubordilar. Bu chinqirish Asadbekka yulishga shaylangan mushukni eslatib, irgʻib oʻrnidan turganicha ularni tepib qoldi. Qizlarning chinqirigʻini eshitib yugurib kirgan Boʻtqa koʻzlari kosasidan chiqay deb turgan hojasining ahvolini koʻrib, qoʻrqib ketdi. Asadbek tepki bilan qanoatlanmay, stol ustida nima boʻlsa bir-bir ota boshladi. Boʻtqa soniyalik sarosimasini yengib, hojasi qarshisiga yugurib keldi-da, uni mahkam quchoqlab oldi.
— Bek aka, jon Bek aka, sizga nima boʻldi? Oʻzingizni bosing. Bek akajon, — deb ovuta boshladi.

Boʻtqaning kuchli quchogʻidan chiqa olmagan Asadbek endi ogʻziga kelganini qaytarmay soʻkina boshladi. Keyingi yillar ichi tilga olmay qoʻygan soʻkishlar ham toʻgʻonni buzgan oqim kabi quyulib kelaverdi. Asadbek soʻkaverdi, Boʻtqa esa «Bek akajon!» deb uning yelkalarini silab ovutaverdi... Nihoyat hukm yangradi:
— Hayda! Hayda qanjiqlarni... Shu yoshdan-a... Qip-yalangoch holicha hayda!
— Bek akajon, sovuq-ku? — deb e’tiroz bildirmoqchi boʻldi Boʻtqa.
— Hayda! Sovuqda shamollab oʻlsa yana yaxshi. Ikkita shilta kamayadi.
— Xoʻp boʻladi, Bek aka.

Boʻtqa amrni ijro etmoq uchun hojasini quchogʻidan boʻshatgani hamon jagʻidan musht yedi.
— Sen haromini chotingni yirib osaman! Sen hali qalangʻi-qasangʻi akaxonlaringning nushxoʻrtini menga ravo koʻrdingmi?
— Bek aka, jon xoʻjayin, unaqa demang, ular tegishmadi. Bular svejiylaridan edi, — deb oʻzini oqladi Boʻtqa.

Bu e’tirozi evaziga yana bir musht yegach, «Men bularni chiqarib yuboray», deb chekindi.

Asadbek xoli qolgach, divanga choʻkib oʻtirib boshini changalladi. Hozirgina qiy-chuvga toʻlgan xonani sukunat zabt etdi. Sukunat hukmidan uning quloqlari shangʻillay boshladi. Shu darajada shangʻilladiki, nazarida quloqlariga jon berib turgan tomirlari yorilib ketganday tuyuldi. Ana shu sukunat shovqini orasida Jalilning ovozi eshitilganday boʻldi. Asadbek uning ovozini eshitmaslik uchun quloqlarini kafti bilan berkitdi. Lekin bu foyda bermadi. Jalilning ovozi sukunat shovqinini bosib, jaranglab eshitildi:

«Xudodan qaytibdi... Sen maishat qilgan qizlarning ham ota-onalari bor edi, ular ham ezilgandir... Xudoga nolalar qilgandir... Xudo kar emas, bu ohlarni eshitgandir?..»

«Boʻldi, gapirma!» deb pichirladi Asadbek ingrab.

«Xudodan qaytibdi...»

«Gapirma deyapman, boʻldi qil», deb yana pichirladi Asadbek.

«Xudo hamma narsani koʻrib, bilib turadi...»

«Boʻldi! Boʻldi, deyapman!»

Bu safar baqirib yubordi.

Qizlarni kuzatib qaytgan Boʻtqa ostonada choʻchib toʻxtadi. Soʻng tez yurib kelib hojasi qarshisida tiz choʻkib, bilagidan ushladi.
— Xoʻjayin, jon xoʻjayin...

Boʻtqaning ovozi sukunat shovqinini ham, Jalilning aks-sadoli tovushini ham quvib chiqardi.

Asadbek yana bir necha fursat qimir etmay oʻtirdi. Soʻng oʻzicha «Gaplaring toʻgʻri, ogʻayni. Sen hamisha toʻgʻri gapirgansan», deb qoʻydi.

2

Kesakpolvon Jalilga bergan va’dasiga koʻra shom chogʻida unikiga kirib keldi. Shom namozini oʻqib chiqqan Jalil u bilan koʻrisha turib, oshkora tarzda burnini jiyirdi. Jalil maktabda oʻqib yurgan chogʻlarida ham uni xushlamasdi. Asadbekka bir necha marta «Shu boladan nariroq yur», dedi. Keyin indamay qoʻydi, ammo yomon koʻrishini hech vaqt yashirmadi. Kesakpolvon buni yaxshi biladi. Lekin Jalilning gaplarini hazil deb bilib, tirjayib yuraveradi. U Jalilning Asadbekka ta’sir oʻtkaza olishga qurbi yetishini bilgani uchun ham har qanday haqoratu soʻkishlariga chidaydi.
— Bunaqa sasib yuradigan boʻlsang kelma, devdim-ku?
— Okaxon, bugun ogʻzimga olmadim. Bu kechagining hididir. Boʻldi, endi tavba qildim. Ikkinchi qaytarilmaydi, — dedi Kesakpolvon.
— Sening tavbang nima-yu, laychaning angillashi nima.
— Ee-zvoring-a, ezzvoring... — dedi Kesakpolvon kulib.

Jalil stol ustidagi qogʻoz xaltaga qaradi-da, bir uchi koʻrinib turgan kolbasani tortib chiqardi:
— Bu nima? — dedi zarda bilan.
— Ha, endi quruq kelmay dedim, bolalarga...
— Senga birov «Jalilning bolalari harom narsa yeydi» devdimi?
— Ie, nega harom boʻlarkan? Hozir iskaladga kirib oldim. Otliqqa ham yoʻq, bu zoʻridan, okaxon.
— Zoʻrimi? — Jalil shunday deb derazani ochdi-da, pastga bir qarab olib, soʻng kolbasani koʻchaga irgʻitdi.
— Iy-ya, — dedi Kesakpolvon ajablanib, — yemasangiz nega isrof qilasiz?
— Haromni it-mushuklar yesin. Bironta musulmonning halqumini harom qilmasin.
— Obbo... — dedi Kesakpolvon, ensasi qotib.

Jalil qogʻoz xaltaning ichiga qaragan edi, Kesakpolvon:
— Bunisi goʻsht. Qassobniki. Happai halol, — deb izoh berdi.
— Sening qoʻlingga tushguncha halol boʻlgandir. Buni ham harom qilibsan. Olib ket, oʻzing ye.
— Nega harom boʻlarkan. Qassobniki axir?
— Harom kolbasang tekkan unga.
— Ob-bo... ja-a tor olib yuborasiz-da, okaxon. Boʻpti, oʻzimizga tan, yana buni ham tashlab yubor- mang. — Jalil shunday deb qogʻoz xaltani olib ostonaga yaqinroq yerga qoʻydi.

Jalil Kesakpolvonning tezroq chiqib ketishini istab, unga savol nazari bilan tikildi. Kesakpolvon mezbonning maqsadini angladi. Ammo daf'atan muddaoni aytolmay, choʻntagidan sigaret chiqardi.
— Bu yerda chekma, — dedi Jalil, undan nigohini uzmagan tarzda.
— Ob-bo... — dedi Kesakpolvon norozi ohangda, — odam deganni shunaqangi ez-zib, qon qilib yuborasizmi, a?

Jalilning tiliga «Sen hali odammisan?» degan kinoya keldi-yu, biroq, haddan oshirib yubormay, deb gapini ichiga yutdi-da:
— Menda ishing bormidi? — degan savol bilan Kesakpolvonning mushkulini oson qildi.
— Ishmi?.. Ha, ish bor... Lekin bu ish emas, maslahat. Toʻgʻrirogʻi ikkalamizga tegishli ish.
— Ikkalamizga? Men sen bilan hamtovoq boʻlmagandim shekilli? Chaynalmay, dangalroq gapir.
— Bu... dadil aytadigan gap emas-da... Keling, bir chekib olay, boʻlmasa, yorilib oʻlaman.
— Boʻpti, chek, yorilib oʻlsang, yana tovoningga qolib yurmay, — Jalil shunday deb derazani qiya ochdi-da, yoniga stul qoʻydi. — Shu yerda oʻtirib chek, uyni sasitma.

Kesakpolvon bir-ikki tutatdi-da, Jalilga qaramagan holda soʻradi:
— Asad... Krasnoyarda kasal boʻlibmidi?
— Ha... — dedi Jalil uning bu holatiga tushunmay. — Nimaga soʻrayapsan?
— Doʻxtirlar koʻrishdimi, nima deyishdi?
— Shamollagan ekan. Bir hafta yaxshi qarashdi.
— Bir hafta... Shamollagan odamni bir hafta qararkanmi?
— Nima demoqchisan?

Kesakpolvonning mujmalligi Jalilning gʻazabini qoʻzgʻatdi, ayni chogʻda xavotirga ham soldi.
— Bekning yoʻtali menga yoqmayapti, — dedi Kesakpolvon sigareta burqsitib.
— Yoʻtali ancha choʻzildi... Menga qara, sen nega mijgʻovlanyapsan? Maqsadingni ayt.
— Maqsadmi?.. Okaxonim, hammaga aql oʻrgatasiz, duch kelganni bobillab soʻkib, qopasiz-u, oshnangizning ahvolini bilmaysiz.
— Gapni choʻzma, deyapman!
— Bekning kasali ogʻir. Tuzalishi qiyin boʻlgan kasaldanmish. Lekin u yashiryapti.
— Tuzalishi qiyin?.. Qanaqa kasal?
— Qanaqa kasal?! — Kesakpolvon jahl bilan oʻrnidan turdi-da, barmogʻiga qistirib turgan sigaretini tashqariga otdi. — Galvarsmisiz? Yo merovmisiz? Kasali — rak! Endi tushundingizmi?
— Sen... bola, valdirama! — deb baqirdi Jalil. — Yomon nafas qilma!
— Yomon nafas emish... Yomon nafas emas bu. Doʻxtirlarning xulosasi shunaqa. Bu Krasnoyardayoq ma’lum boʻlgan.
— Bekor aytibsan! Ma’lum boʻlganida men bilardim.
— Katta ketmang. Buni faqat ikki kishi biladi: Asadu Mahmud.
— Sen-chi? Sen qaerdan bila qolding?
— Uchinchi odamdan... doʻxtirdan.
— Olib kel oʻsha doʻxtiringni.
— Yoʻq, u kelmaydi, kelolmaydi.
— Nega?
— U «Hech kimga aytmayman», deb qasam ichib, soʻng qasamini buzgan. Bek qasamini buzganlarni kechirmaydi. Bu gap oramizda qolsin, a?
— Ishonmayman.
— Ishonmasangiz ham bir ishni qilish kerak. Bek oʻlimni boʻyniga olganga oʻxshaydi. U ahvolidan boshqalarning xabar topishini istamayapti. Uning hozir birdan-bir sirdoshi — Mahmud. Nega ming yillik qadrdoni — siz emas, men emasman, nega Mahmud?
— Uni yaxshi koʻradi. Ukasiga oʻxshatadi...
— Yaxshi koʻrishini bilaman. Lekin Mahmud-chi? Nega u hech boʻlmaganda siz bilan meni ogoh qilmayapti? Fikri buzuq u bolaning! Bekning oʻlimi — uning toʻyi boʻlishi mumkin. U Bekning oʻrnini egallashni niyat qilgan. Shu sababli mendan yashiradi.
— Bu endi oʻzlaringning ishlaring. Asadga bir nima boʻlsa oʻsha zahoti bir-birlaringning goʻshtlaringni yeyishni boshlaysanlar. Ammo bilib qoʻylaring: hammang xor boʻlib, qirilib ketasanlar. Xudo senlarni jazosiz qoldirmaydi.
— Shu yerda tormozni bosing, okaxon. Shu yerda birpas toʻxtang. Siz meni bilmaganday gapirasiz-a... Agar Azroil kelib «Qaysi birlaringning joningni olay?» desa men oʻzimni roʻpara qilaman. Asad... oʻlmasligi kerak, oʻlmaydi... Doʻxtirlardan ish chiqmaydi. Ular janozani oʻqib boʻlishgan. Lekin bir odam bor ekan. Oʻsha tuzatishi mumkin ekan. Men uning oldiga bordim. Eshshakdan battar qaysar bir chol ekan. «Bormayman, kasalingni koʻrmayman», deb turib oldi.
— Kim ekan u?
— E, bir qari chol oʻzi... — Kesakpolvon Abdurahmon tabib bilan boʻlgan uchrashuvni qisqa tarzda bayon qildi. Uning uloqchi otlarini otib tashlashni buyurganini esa aytmadi.
— Asadni olib boramiz, — dedi Jalil bir oz mulohaza qilgach.
— Ovora boʻlmang, bormaydi. Bek tabiblarga ishonmaydi. Ogʻayningizning ham eshshakka oʻxshagan qaysar fe’li bor, bilasiz-ku... Ayniqsa, kasalidan xabar topganimizni bilsa, yomon boʻladi... Oʻsha tabibning oldiga... siz borib keling.
— Men borsam kelarkanmi?
— Keladi... U esh-shak mendaqalarni yoqtirmas ekan. Kambagʻalparvar emish. Uni uyingizga olib kelsangiz, Asadni bir bahona bilan chaqiramiz.

Kesakpolvonning bu ehtiyotkorligi Jalilga yoqmadi. Bir koʻngli hoziroq oshnasining oldiga borib, «Nega kasalingni mendan yashirasan, tur, ketdik, tabibga!» demoqchi ham boʻldi. Keyin esa, doʻstining xastaligiga e’tiborsiz qaragani uchun oʻzini oʻzi koyidi. Kesakpolvonning fikrlarida ma’no bordek tuyulib, oʻylanib qoldi.
— Oʻzingiz bormasangiz boʻlmaydi, — dedi Kesakpolvon.
— Boʻpti, ertalabgacha bir mulohaza qilib koʻray. Borsam boraveraman.
— Ertalabgacha kutib nima qilasiz? Mashina tayyor.
— Mana bu kallani Xudo oʻylab ish yuritish uchun yaratgan. Ertalab beshda kelasan.
— Gap yoʻq, oʻgʻil bola! — dedi Kesakpolvon uning koʻnganidan quvonib. Beshu nol-nolda shu yerdaman.

U shunday deb eshikka yaqinlashganida Jalil uni toʻxtatdi:
— Gap shu: bilib qoʻy, sen bormaysan.

Kesakpolvon bu shartga bajonidil rozi boʻlib, kulib qoʻydi.

Jalil tuni bilan uxlamadi. Uning bezovtaligini sezgan Qamara «adasi, mazangiz boʻlmayaptimi?» deb mehribonlik qilib, shuning evaziga «shiringina» soʻkish eshitib oldi. Bunaqa paytda eri duch kelgan odamga nishini sanchishi mumkin ekanligini bilgani uchun boshqa indamadi.

Jalil uyiga sigʻmadi. Koʻchib kelganidan beri endi uyi tor, juda tor tuyuldi. Devorlar uning ustiga togʻ qoyalari kabi bostirib kelib, boʻgʻganday boʻldi. Oshxonaga chiqib, muzdek suv simirdi. Mehmonxonada u yoqdan-bu yoqqa yurdi. Soʻng... kiyindi. Koʻchaga chiqdi. Asadbeknikiga bormoqni niyat qilib, mashina toʻxtatdi. Haydovchi mashinasini yurgizishi bilan tirikchilik ogʻirlashganidan shikoyat qilib, «bola-chaqaning rizqini deb yarim kechada yurganini» aytganida Jalil haqni tuzukroq toʻlashi lozimligini uqib, gʻijinib qoʻydi.

Boshqa payt boʻlganida mashinani toʻxtatib, tushib qolardi yoki haydovchiga «shirin» gaplaridan uch-toʻrttasini aytib koʻngil gʻuborini yozardi. Hozirgi kayfiyati, sharoiti unisini ham, bunisini ham koʻtarmadi. Indamay ketaverdi. Mashina Asadbekning darvozasi qarshisiga yetganda «toʻxtat», deb buyurdi-da, choʻntagiga qoʻl soldi. Koʻchaga pulsiz chiqib kelavergani shundagina ma’lum boʻldi.
— Uka, xayol qursin, pul uyda qolibdi. Birpas kuting, kiramanu chiqaman. Qaytib borgandan keyin xursand qilaman, — dedi Jalil xijolat boʻlib.
— Bratan, roʻlda uxlab qolay deyapman. Qaytib olib borolmayman.
— Toʻxtab turing boʻlmasa, — Jalil shunday deb darvoza tomon yurdi. Uni tanigan yigitlardan biri derazani ochib, salom berdi.
— Oʻn soʻm berib tur, — dedi Jalil uning salomiga alik olib.

Yigit pastga tushib mashina tomon yurganida Jalil uning yoʻlini toʻsdi.
— Oʻzim berib qoʻyaman, — dedi yigit.
— Senlarning pulni qanaqasiga berib qoʻyishlaringni bilaman. Oʻzimga ber, — dedi Jalil.

Yigit kulib, choʻntagidan pul chiqarib berdi.

Mashina ketgach, Jalil darvozaxona tomon yurdi.
— Xoʻjayin yoʻqlar, — dedi yigit unga ergashib.
— Nega yoʻq boʻladi? Qayoqqa ketdi?
— Bir yoqqa ketuvdilar, — dedi yigit mujmallik bilan.
— Oʻzi sogʻmi? — dedi Jalil ostonada toʻxtab.
— Xudoga shukr, sogʻlar. Bizning kulbaga chiqib oʻtira turing. Choy-poy qilamiz, — dedi yigit.
— Yoʻq, men ketdim boʻlmasa. Sen... mening kelganimni xoʻjayiningga aytma. Soating nechchi boʻldi?
— Uch, — yigit bilagidagi soatga qarab oldi.
— Meni uyimga olib borib qoʻya olasanmi? — dedi Jalil.

Yigit «Gap yoʻq, okaxon», dedi-da, darvozani ochib, mashinani olib chiqdi.

Jalil manziliga yetib, mashinadan tushgach, oʻrnida bir oz turib qoldi. Uyiga kirgisi kelmadi. Izgʻirinli shamol turib, badaniga sovuqning ignalari sanchilganida ham issiq oʻrniga shoshilmadi. Dastlab Kesakpolvonning gaplari unga uydirma boʻlib tuyulgan edi. Vaqt oʻtgani sayin, oʻy oʻylagani sayin bu uydirma haqiqatga yaqinlashib, u xavotir olovida qovjiray boshladi. Oʻtayotgan vaqtning har daqiqasi doʻstining oʻlimi oniga shoshayotganday tuyulib, Kesakpolvon aytgan vaqtda yoʻlga chiqmagani uchun afsuslana boshladi.

Bir necha fursat haykal singari qotib turgach, yuziga shamol keltirib urgan mayda yomgʻir tomchilaridan seskanib asta yura boshladi. Yoʻlakka yetib borgach, ichkariga qadam qoʻygisi kelmay, iziga qaytdi.

Shahar osmoniga egalik qilayotgan bulutni shamol surib ketar, bir necha soatdan soʻng tun hukmi ham adogʻiga yetar, ammo Jalilning qalbini zulumot pardasiga oʻragan tashvish pardasi qachon, qay tarzda koʻtarilar ekan?

Kesakpolvon kecha oqshomda «Oshnangiz kasal», demasdan «Oshnangiz oʻldi», yoki «oʻsal yotibdi», deyishi ham mumkinmidi?

Jalilning xayoliga shu fikr kelib, butun a’zoyi badanini titratib yubordi.

Shu paytgacha qancha doʻsti bu dunyoni tashlab ketdi. Ularning oʻlimi haqidagi xabarni eshitganida «Nega oʻladi, hali yosh edi-ku?» deb oʻyladi. Bu gʻofil banda «Oʻlim yosh tanlamaydi», degan oddiy haqiqatni tan olishni istamaydi. Koʻp qatori «Umrimizning yarmini yashab qoʻydik, bu yogʻi oz qoldi», deb yurgani bilan «Oz qolgan qismini» oʻzicha yigirma-oʻttiz yil deb chamalab yuradi. Bilmaydiki, umri yigirma-oʻttiz yil emas, balki yigirma-oʻttiz kun, balki yigirma-oʻttiz daqiqagina qolgandir... Balki biron xastalik oʻlimning xabarchisi sifatida kelgandir. Balki... oʻlim xabarchisiz, toʻsatdan bostirib kelar...

Jalil oxirgi uchrashuvni, Asadbekning gaplari, bolalikda birga oʻsgan doʻstlarini qoʻmsaganini esladi. «Qarashlari ma’yus edi. Men — galvars, shunga ham e’tibor bermadimmi? Oʻlimi oldida bolalarni bir koʻrib qolay, degan ekan-da... Nega menga yorilmadi? Nega «Ahvolim shunaqa, ogʻayni», demadi? Shotirlaridan yashirishi toʻgʻri, ular xoʻjayinlari oʻlmay turib, mol-dunyoni boʻlib olishga kirishadilar. Men-chi?.. Shu holicha ham magʻrurligini qoʻymaydi-ya?! Shu paytgacha menga biron marta ham shikoyat qilmagan edi. Xor boʻlganida ham, zor boʻlganida ham birovga boʻyin egmagan edi... Endi... oʻlimi oldida boʻyin egarkanmi?.. Men doim unga qattiq-qattiq gapirib keldim. U notoʻgʻri hayot kechirdi. Adashdi. Nima uchun tugʻilib, nima uchun yashayotganini bilmadi. Shu Haydar pakanani odam deb bilib, oʻsha bilan hamtovoq boʻldi. Mol-dunyo toʻpladi... Mol-dunyo qoladi, bola-chaqa ham qoladi... Oʻzi ketadi... Yolgʻiz oʻzi... Nahot chorasi boʻlmasa?..»

Jalilning yuragi xapriqib, choʻkayotgan odam xasga tirmashgani kabi u Abdurahmon tabibga oshiqdi.

Kesakpolvon aytilgan vaqtga yetib keldi. Jalil xotiniga «Bir-ikki kun boʻlmayman», dedi-yu, joʻnadi. Erining halovati yoʻqolganidan tashvishlanayotgan Qamara «Qayoqqa ketyapsiz?» deb soʻrashga ham choʻchib, xavotir chodiriga oʻralganicha qolaverdi.

Haydovchi yigit chapdastgina edi. Yoʻlda yurishning qonun-qoidalari bor, deb oʻtirmay, mashinani yelday uchirib bordi. Yaxshiki, mashinada qanot yoʻq, boʻlsami edi, rosmanasiga uchib ketishi hech gap emasdi. Boshqa sharoit boʻlganida Jalil «Onangnikiga shoshasanmi?» deb koyishi mumkin edi. Yuragi xapriqib, shoshilib turgani uchun tezlikdan bir oz xavotirda oʻtirsa ham indamadi. Ular manzilga kun qiyomdan oqqanda yetib kelishdi. Qishloqqa kiraverishdagi choyxona yonidan oʻtishayotganda Jalil haydovchiga «Toʻxtat moshinani», deb buyurdi.

Kun salqin boʻlishiga qaramay, yetti-sakkiz qariya ayvonda davra qurib, choyxoʻrlik qilib oʻtirishardi. Mashinadan odam tushganini koʻrgan choyxonachi ichkaridan chiqib, mehmonni qarshiladi. Jalil salom berib koʻrishgach:
— Machit qaerda? — deb soʻradi.
— Machitgacha yana picha yuriladi, — dedi choyxonachi. Soʻng afsus ohangida qoʻshib qoʻydi: — Lekin... birodari aziz, machitimiz qulf...
— Qulf? Nimaga qulf boʻladi? — deb ajablandi Jalil.
— Bilmasam... kattalar qulf soldirganlar.

Shaharda ham shunday voqealar sodir boʻlganidan Jalilning xabari bor. Lekin machitlarni yoptirgan kattalar allaqachon ishdan olinib, berkitilgan machitlar yana qayta ochilgan edi. Hali ham gʻaflat uyqusidagi bu qishloqqa yangilikning yetib kelmagani Jalilni ajablantirdi.

Jalilning oʻylanib turgani sababini bilmagan choyxonachi oʻsmoqchilab soʻradi:
— Birodari aziz, machitda qanday yumushingiz bor edi? Yo birovni izlab keldingizmi?

Bu savol Jalilga gʻalati tuyulib, zaharli jilmaydi:
— Machitga nima uchun boriladi? Namoz oʻqimoqchiydim.
— Oʻzim ham shunaqadir, deb oʻylovdim, — dedi choyxonachi ochiq chehra bilan. — Machitga qulf solishganidan beri shu yerda berkitiqcha oʻqiyapmiz namozimizni. Ichkari kiring, birodar. Biz yaqinginada peshinni oʻqidik.
— Shaharda yangi machitlar qurilib yotibdi-yu, sizlar bu yerda «Kattalar qulf urdirgan», deb oʻtiribsiz. Oʻsha kattalaringiz chiqqan joyiga kirib ketgan. Shartta borib qulfni buzib, namozni oʻqiyverish kerak. Hozir birov «gʻing» demaydi.
— Biz bilmasak, birodari aziz. Bizlar omi odam boʻlsak, — choyxonachi shunday deb oʻzini oqladi-da, Jalilni ichkariga boshladi.

Jalil farz namozini qasr qilib oʻqib, tezgina chiqdi. Choyxonachining «Mehmon namoz oʻqirkan, yaxshi odamga oʻxshaydi», degani ta’sir qilib, qariyalar ayvonda Jalil koʻrinishi bilan oʻrinlaridan qoʻzgʻalishdi. Jalil ular bilan qoʻshqoʻllab soʻrashgach, mezbonlarning oʻtinchiga koʻra toʻrga chiqib oʻtirdi-da, Sobitxondan oʻrgangan «Robbi anzilni munzalan muborakan va anta xoyrul munzilin», duosini oʻqib yuziga fotiha tortdi. Qariyalarning har birlari u bilan lutfan soʻrashdilar. Jalilga yaqinroq oʻtirgan qariya unga bir piyolada choy quyib uzatdi-da:
— Qani, mehmon, bir gurung bering bizga, — dedi.

Qariyalarning iltifotidan ruhlangan Jalil oʻzining «chala mulla» ekanligini unutib, undan-bundan eshitgan diniy ma’ruzalaridan esida qolganini aytib, oʻz koʻnglida da’vat qila boshladi. Uning bu da’vati umri sut ichish bilan oʻtgan odamga noshud tabibning sut ichish foydasi xususidagi nasihatiga, yoinki yetmish-sakson yillik umrini dalada oʻtkazgan dehqonga kechagina oʻqishni bitirib kelgan agronom tomonidan shudgorning afzalligi haqida qilingan ma’ruzaga oʻxshab ketardi. Jalil bechora bu oʻtirganlardan ikkitasining Buxoroi sharifda madrasa tahsilini koʻrganligini qaerdan bilsin?

Jalilning «ilm bisoti» tugab, gaplari bir togʻdan, bir bogʻdan boʻla boshlagach, mehmonning izzatini qilib indamay oʻtirgan chollardan birining toqati toq boʻlib, suhbatga aralashdi:
— Birodar, biz tomonlarga qaysi shamol uchirdi?
— Yaxshi odamning shamoli, — dedi Jalil. Soʻng maqsadini aytdi.

Uning kelishidan maqsadini taxminan chamalab oʻtirgan qariyalar bosh egib, jim qolishdi. Suhbatni uzgan qariya esa Jalilga qarab bosh chayqadi:
— Nafsilamrni aytganda, birodar, muddaoga yetmayoq izingizga qayta qolganingiz durustmikin?
— Nima uchun? «Bormaydilar» demoqchimisiz? Axir tabib degani odamlarni davolashi kerak-ku? — deb oʻzicha haqiqatni «kashf» etdi Jalil.
— Shunaqa deysizu birodar, omma Abdurahmon aka oʻzlarini tabib sanamaydilar.
— Nega? — deb ajablandi Jalil. — Dovruqlari butun olamga taralgan boʻlsa...
— Shunaqaku-ya... omma, Abdurahmon aka tabiblikni kasb qilmaganlar. Tuzata olishga koʻzlari yetsa muhtojlarnigina boqadilar. Shifo — Ollohdan, Abdurahmon aka bir vositalar xolos.
— Qiziq... — Jalil e’tiroz bildirmoqchi edi, qariya soʻzni uzdi:
— Bir necha kun burun shahar odamlari chiqishib, Abdurahmon akaning ta’blarini xira qilibdilar.
— U-bu narsa debdilarmi?
— Nimalar deyishganlari bizlarga qorongʻu. Omma, ular ketganlaridan soʻng yoʻlda taqsirimning uloqchi otlarini otib ketishibdi-da...
— Otib ketishibdi? — Jalilning koʻz oldiga Kesakpolvon keldi-yu, ichida «Obbo haromi-e, ishning ishkalini chiqarib qoʻyib, meni roʻpara qilayotgan ekan-da...» deb oʻyladi.
— Ha, otib ketishibdi. Shahardan kelganingizni bilsalar, Abdurahmon aka siz bilan soʻzlashmasalar ham kerak. Fe’llari nozik juda.
— Oʻsha otlarni rostdan ham shaharliklar otganmi?— deb soʻradi Jalil.
— Bunisi yolgʻiz Ollohgagina ma’lum. Mening bilganim shuki, oʻsha kuni xuddi shu arobada kelishgan edi, — qariya shunday deb koʻchada turgan «Jiguli»ga qarab qoʻydi.

«Tamom, — deb oʻyladi Jalil. — Bu — oʻshaning ishi! Chollar ziyrak. Adashishmaydi, yolgʻon ham gapirishmaydi...»
— Shaharda bunaqa moshinlar koʻp, oʻxshatayotgandirsiz? — dedi Jalil «Zora adashgan boʻlsa?» degan ilinj bilan.
— Toʻgʻri aytasiz, birodar, bunaqasi koʻpdir ehtimol. Omma noʻmirasi bundayin bir xil boʻlmasov. Ikki noʻlu, ikki besh. Esdan chiqmaydigan noʻmira.

Qariya bu gapi bilan jon tomiriga bolta urgan edi. Jalil boshqa gapirmasa ham boʻlardi. Lekin indamay turib ketishni oʻziga ep bilmay, soʻnggi umidini aytdi:
— Chiqmagan jondan umid, balki bir uchrashsammikin?.. Men bu bolani... yaxshi tanimayman. Kira qilib kelayotuvdim. Balki mendan avvalgilar...

Qariya uning yolgʻoniga yoʻl bermay, gapini kesdi:
— Agar mening maslahatimga kiradagʻon boʻlsangiz, borib ovora boʻlmang. Kasalingiz oyoqda tura olsa, oʻzini olib keling. Lekin bunaqa arobani boʻlak kira qila koʻrmang. Xudo koʻngillariga solsa, balki xasta odamingizni boqarlar...

Gapni choʻzishga yoki lanjlik qilishga hojat yoʻq edi. Jalil choy hamda maslahat uchun minnatdorlik bildirib, ketishga izn soʻradi.

Shahar ostonasiga yetishgach, Jalil haydovchiga «Akangnikiga hayda» deb buyurdi. Buyruq itoatkorlik bilan bajarildi. Ammo Kesakpolvon uyida yoʻq edi. «Kechasi ham uyida oʻtirmaydi, bu haromi», deb oʻyladi Jalil, keyin:
— Akang qaerda boʻlishi mumkin? — deb soʻradi.
— Xudo biladi, — dedi haydovchi yelka qisib.
— Topishing kerak! — dedi Jalil buyruq ohangida.
— Topish kerak boʻlsa, topamiz, — dedi yigit.

Shundan soʻng avval «qozixona»ga oʻtdilar. Bu yerda kam uchraydigan holat — jimlik hukmron edi. Jalil «qozixona»da qanday ishlar amalga oshirilishidan bexabar edi. Shu bois «Kechasi choyxonada nima qiladi, kallang bormi?» deb toʻngʻillab qoʻydi.

Kesakpolvon kirishi mumkin boʻlgan yana ikki uyga moʻralab oʻtishgach, mashina shahar markazidagi uch qavatli bino oldida toʻxtadi. Yigit imorat yertoʻlasidagi videobarga bir «shoʻngʻib» chiqib, xoʻjayinining shu yerda ekanini ma’lum qildi.

Jalilni ostonada kutib olgan Boʻtqa uni Kesakpolvon oʻtirgan xonaga boshladi. Jalilning dimogʻiga qoʻlansa hid urilib, koʻngli behuzur boʻldi.

Shirakayf ravishda divanda yonboshlab yotgan Kesakpolvon Jalilni koʻrib, qaddini koʻtardi.
— Sen azaldan iflos eding, shu iflosligingcha oʻlib ketasan, — dedi Jalil salom-alik ham qilmay.
— Hov aka, sal pastroq tushing, — dedi Kesakpolvon.
— Sen axlatingni tozalatgani yuboruvdingmi meni? Bilib qoʻy, men sening isqirtingni tozalaydiganlardan emasman. Orqangni oʻzing artib yur, bola!
— Voy-boʻ...
— «Boʻ-boʻ»lama, iflos!
— Boʻldi-e! — dedi Kesakpolvon jahl bilan oʻrnidan turib. — Indamas ekan, deb boshga chiqib olib bulgʻataverasizmi! Iflos boʻlib nima qildim? Xotiningizga surkalibmanmi?
— Surkalib ham koʻr-chi! Sendaqalarning ikkita oyogʻini ikkita moshinaga bogʻlab, chotlaringni yirib tashlash kerak.
— Qoʻying endi, oʻzi boshim yorilay deb turibdi.
— Boshing boʻlsa yoriladi-da, e ahmoq! Tabibga qanaqa hunaringni koʻrsatib kelding?
— Nima qilibman?
— Nima qilganingni bilmaysanmi?
— Siz bilsangiz ayting.
— Otlarini nega otding?
— Qanaqa otlar? Men hayvon otadigan odammasman, — dedi Kesakpolvon bezrayib.

Jalil «Bu rost gapiryaptimi?» deganday unga tikildi. Kesakpolvon esa tusini ham oʻzgartirmay unga baqrayganicha, kiprik ham qoqmadi.
— Sen... oʻzingning laychalaringni laqillat, bola... U yoqdagilar ahmoq emas. Moshinangni tanishdi. Tagʻin ham insofli ekan ular, toshboʻron qilishmadi. Shu tabibdan umid bor ekan, oʻshanga zulm qilasanmi, iflos!
— Boʻldi, hadeb iflos deyavermang.
— Iflos boʻlganing uchun iflos deyman!

Kesakpolvon soʻkib yubormaslik uchun yuzini teskari burdi. Shu mashinada yuborib xomlik qilganini fahmlab, gʻijindi.
— Bizning iltimosimiz yerda qolgunicha hoʻkizning shoxi sinishi kerak. Bizni mensimaslikning oqibati qanaqa boʻlishini hamma bilsin.
— Sen oʻzing kim boʻlibsanki, iltimosing nima boʻlardi!
— Boʻldi, gapni choʻzmang. Kelmadimi?
— Men unga uchrashmadim.
— Unda haligi gapni qaerdan oldingiz?
— Odamlar aytishdi.
— Xoʻp, endi nima qilamiz? Asadni saqlab qolishimiz shart. Kerak boʻlsa, men jonimni beray.
— Sening joning... Sen joningni pishirib ye!

Jalil shunday deb soʻkindi-da, eshikni jahl bilan yopib, iziga qaytdi. U nima qilishni bilmay garang boʻlib qolgan edi.

3

Navbatdagi bedor tunning chekinishi boshlanganiga ishorat qiluvchi azon tovushi eshitildi.

Asadbek tongning qadriga yetmas edi. Xonadoni tun bagʻriga kirib, oʻzining tonggacha yetib borolmasligi ham mumkinligi ayon boʻlganidan keyin har tongni tirik holda, ochiq koʻz bilan qarshilashning oʻzi ulugʻ baxt ekani haqidagi oddiy haqiqatni kashf etdi. Avvallari ham azon tovushi eshitilarmidi, yoʻqmi, eslolmaydi. Keyingi tunlari shu tovushni orziqib kutadigan boʻldi. Uning nazarida aynan shu azon tovushigina qiyomat hali boshlanmagani, bu dunyo hayoti davom etayotganidan darak berardi. Nazarida... azon tovushi eshitilmasa, qorongʻulik chekinmas, dunyo zulumot chodirida qolaverar, juvonlar alla aytmas, goʻdaklar kulmas, hayot soʻnar, tamoman soʻnar edi...

«Allohu akbar! Allohu akbar!..»

Demak, zulumot chodiri yirtilgusi, juvonlar allalar aytgusi, goʻdaklar esa kulgusi... Hayot davom etgusi...

«...Hayya alal solat...»

Baxtli odamlargina yetib keladi bu onga.

«...Hayya alal falah...»

Najotga kelganlarga Yaratganning oʻzi najot berajak.

Peshinga, soʻng... xuftonga, soʻng tunni yorib chiqib, yana bomdodga yetajak, inshoolloh...

Asadbek najotga yetib kelgani uchun Tangriga hamd aytmoq, muslimlik farzini ado etmogʻi lozimligini idrok qilmaydi. Koʻngli ibodatni tusaydi. Qotib qolgan dil, qotib qolgan til esa shayton hukmidan qutulmoqqa ojiz...

Tongda... inson ham, jonivor ham uygʻonadi. Ularning farqi — biri Yaratgan bergan ong tufayli Yaratuvchisiga hamd aytar.

Asadbek tongga yetib kelganidan xursand...

Osmonni qoplagan bulut tun hukmronligini bir ozgina choʻzgan boʻlsa-da, yorugʻlikni toʻsa olmadi. Yorugʻlik chor atrofga oʻrmalaganicha kirib kelayotgan damda telefon qoʻngʻirogʻi asabiy jiringladi. Dam oʻtmay boloxonadagi yigitlardan biri tushib, «Germaniyadan kennoyi telpon qilayotgani»ni aytdi.

Asadbek Manzurani sogʻingan edi.

Manzurani uyda qoldirib, oʻzi haftalab yurganida ayriliq tuzining bu qadar shoʻr boʻlajagini, yuraklarini kuydirajagini bilmagan edi. Dunyo teskarisiga aylanib, endi oʻzi uyda qolib, Manzura uzoqqa ketgach, qalbi oʻrtangandan oʻrtandi. Sogʻinch nima ekanini angladi.

U xotinining tezroq yetib kelishini istardi. Bir koʻngli esa... uning oʻgʻillari bilan oʻsha yoqlarda butunlay qolishini istardi. Ayniqsa... yaqinlashayotgan oʻlimiga oʻzi ham ishonganidan beri bu istak qat'iylasha bordi. Hosilboyvachchaning izidan Elchinni ham joʻnatish rejasi ayni shu istak bulogʻidan suv ichgan edi. Elchin oʻldirilgach, Zaynabni toʻy bahonasida Olmoniyaga joʻnatmoqni xayol qilib edi.

Reja buzildi. Ammo hali niyatdan kechganicha yoʻq. Zaynabning xastaligi bir oz chekingach, yuboradi. Shundan soʻng oʻzi bu dunyoni xotirjam ravishda tashlab ketishi mumkin. Oʻlimidan soʻng... xotini, bolalariga birov tahdid qila olmaydi.

Yechilmay qolgan ikki masala bor: biri — Zaynabni joʻnatish, ikkinchisi boyliklarning bir qismini u yoqqa olib oʻtish. Quda gʻoyat boy ekan, ammo oʻgʻillarining qoʻllarida oʻzlarining sarmoyalari boʻlmogʻi shart!

Asadbekning sogʻingan yuragi bir orziqdi. Shu orziqish bilan telefon goʻshagini koʻtardi. Manzura erining ovozini eshitib, salom berdi.
— Yaxshi yuribsanmi? — deb soʻradi Asadbek, alik olish oʻrniga.
— Xudoga shukr, oʻzingiz tuzukmisiz?
— Yoʻq, buzuqman, — deb yubordi Asadbek eski odati boʻyicha. U mana shunaqa savollarga toqat qila olmas edi. Kayfiyati yaxshi boʻlsa hazil ohangida, gʻashlangan paytiga toʻgʻri kelsa kesatiq yoki jahl bilan javob qaytarardi. Manzura «Qorningiz qanaqa?» degan savoliga «Qornim dumaloq», «Tuzukmisiz?»ga «Yoʻq, buzuqman», degan javoblarni turli ohanglarda eshitib, koʻnikib ketgan. Boshqacharoq tarzda soʻrayman, deb oʻylardi-yu, eriga roʻpara kelganida beixtiyor yana ayni shu soʻzlar tilidan uchardi.

Hozir ham shunday boʻldi. Asadbekning «Yoʻq, buzuqman», deb yumshoq tarzda aytishi Manzuraga yoqib, kuldi.
— Zaynab yaxshimi?
— Yaxshi. Mendan boshqa hamma yaxshi...
— Voy, adasi, unaqa demang, — Manzura «Oʻzingiz yaxshisiz», demoqchi edi, yonidagi oʻgʻillaridan uyaldi. Asadbek buni sezdi.

Manzura uyda ekanida shunday deb erkalab qoʻyardi. Hozir Asadbek shuni qoʻmsadi. Xotinining koʻproq gapirishini istadi. Ammo soʻzga noʻnoq Manzura hol soʻrashdan nariga oʻtmadi. «Oʻgʻillaringiz bilan gaplashing», deb oshirib yubora qoldi. Oʻgʻillar bilan boʻlgan gap ham hol soʻrash bilan cheklandi. Gap adogʻiga yetib borayotganini fahmlagan Asadbek oʻgʻliga «Onangga ber», deb buyurdi. Manzura:
— Ha, adasi? — deyishi bilan Asadbek uni koyiy boshladi:
— Qanaqa xotinsan oʻzing?! Sen nimaga bording u yoqqa, nima ishni qoyillatding?
— Voy, adasi, hech qanaqa ishni qoyillatmadim.
— Toʻy nima boʻlyapti?
— Toʻy... sizni kutyapmiz. Nishon toʻyi oʻtdi... Aytdim-ku...
— Bir oz kutishsin... Zaynab boradi.
— Siz-chi, adasi?
— Men... bilmadim.
— Birga kelaqoling.

Asadbek yolgʻon gap ahvolini oshkor qilib qoʻyishi mumkinligidan qoʻrqib, sinalgan quroli — jahlni ishga soldi:
— Germaniya ammangning mahallasimi, xohlagan avtobusga osilib boraveradigan?
— Voy adasi, unaqa demadim-ku?
— Demagan boʻlsang, ogʻzingni yum.
— Endi...
— Nima endi?
— Odamlar kelib-ketayotganiga aytuvdim-da...
— U odamlar boshqa, men boshqa. Aqling yetmasa valdirayverma.
— Adasi...
— Yana nima deysan?
— Qudalaringiz «Qogʻoz yuborganmiz, kelsalar yaxshi edi», deb turishibdi. Bir oʻzingiz gaplashasizmi?
— Yoʻq. Oʻzing tushuntirib qoʻy. Bizning odatimizda kuyovning otasi kelinnikidagi toʻyga kelmaydi, de. Avval bu yerda toʻy qilaylik. Kelinlarni kutib olaylik. Keyin chaqirdi qilishsa, borarmiz.
— Adasi, unaqa emas-ku?
— Nimasi unaqa emas?
— Kuyovning otasi boradi-ku?..
— Borsa borsin. Boʻldi, boshimni qotiraverma. Oʻzing bir narsa deb qoʻy.

Bir oʻrtanish, bir sogʻinish bilan boshlangan suhbat shu tarzda yakuniga yetdi. Goʻshak joyiga qoʻyilgach, Asadbek xoʻrsindi. «Baqirganim durust boʻlmadi, koʻngli ogʻridi», deb afsuslandi.

Asadbek yanglishdi. Bundan battar gaplarni eshitib koʻnikib ketgan Manzuraning koʻngli erining baqirigʻidan emas, uning nochorligidan ogʻridi.

Onaning ma’yusligini koʻrgan oʻgʻillari baravariga:
— Nima boʻldi? — deb xavotirlanishdi.
— Adanglarning kelishlari qiyin emish, — dedi Manzura gʻalati ohangda.
— Maskovda ming chigʻiriqdan oʻtkazishadi-da, — deb yupatgan boʻldi Abdusamad.
— Adamning adalari «Xalq dushmani» deb qamalgan ekan-ku, — dedi Abduhamid.

Oʻgʻillarining gaplari Manzuraga yupanch boʻla olmadi. Uning bezovta qalbi haqiqatni sezib turardi.

Asadbek koʻchaga chiqishni xohlamadi, koʻngli uyda yolgʻizlikni istadi. Boloxonadagi yigitlardan biri nonushta hozirladi. Xuddi dasturxon tuzalishini kutib turganday Kesakpolvon bilan Chuvrindi oldinma-keyin kirib kelishdi. Asadbek oʻrnidan qoʻzgʻalmay, oʻtirgan yerida qoʻl berib koʻrishdi. Kesakpolvon koʻrishish uchun engashganida Asadbekning dimogʻiga qoʻlansa hid urilib, burnini jiyirdi-da:
— Kechasi najasga botib yotganmisan, nima balo?— deb toʻngʻilladi.
— Bir boʻlib qoldi, jahling chiqmasin, — dedi Kesakpolvon uzr ohangida.

Asadbek uning avra-astarini agʻdarib soʻkmoqchi boʻldi-yu, oʻzini tutib, Chuvrindiga yuzlandi:
— Mahmud, derazani sal qiyalab ochib qoʻy.

«Keyingi kunlarda molday ichyapti, bunga bir balo boʻlgan», deb oʻylab, Kesakpolvonga qattiq tikildi.

Kesakpolvon bu oʻtli qarashga dosh berolmay, bir qimirlab oldi.
— Ha, muncha tikilib qolding? Nima, tushingga kirdimmi? — deb hazillashmoqchi boʻldi.
— Seni tushida koʻrgan odamning lablariga uchuqlar toshadi, — deb toʻngʻilladi Asad. Soʻng ovozini koʻtardi: — Qaerda boʻkyapsan?
— Bilasan-ku, gohida koʻngil qurgʻur shunaqa tusab qoladi. Koʻngil tusagan paytda jigʻildonning tormozi ishlamay qoladi.
— E, jigʻildoningga uray seni...
— Boʻldi, bugungisi oxirgisi... Menga osilmasdan, yangi gaplarni eshit. Bosh qotirmasak boʻlmaydi, — Kesakpolvon shunday deb Chuvrindiga qaradi. Chuvrindi bu ishorani kutayotgan edi, shu bois darrov muddaoga koʻchib qoʻya qoldi:
— Bek aka, kecha Sharifni qamashibdi.
— Qamashibdi? Kim qamabdi?
— Maskovdan odam kelibdi.
— Kecha qamashsa men nima uchun bugun eshityapman?
— Avval soʻrab-surishtirib...

Asadbek Krasnoyarga vagonda musallas yuborayotgandayoq ishi toʻmtoq boʻlishini sezgan edi. Sezsa-da, tavakkal qilib edi. Sharif Namozov deyarli hech narsa bilmaydi, demak sotgisi kelgan taqdirda ham eplab sotolmaydi. Demak, kaltak oʻzining boshida sinaveradi. Shunday boʻlsa-da, Moskvadan odam kelishidan xavotirga tushgulik...
— Soʻrab-surishtirib... Nimani surishtirding? — dedi Asadbek zarda bilan.
— Oʻsha oxirgi vagonning ishkali chiqqanga oʻxshaydi,— dedi Chuvrindi aybdor bolaning ovozi bilan.
— Sharif nima debdi? Gullabdimi?
— Bilmayman. Maskovlik chumakariga oʻxshagan xotin ekan. Oʻzining odamlari bilan kelibdi. Biznikilarni yaqinlashtirmabdi.
— Sharif hozir qaerda?
— Yertoʻlada.
— Odam top.
— Boʻlmaydi-yov...
— Qilich qaerda, dumini qisib qochvormadimi?
— Yoʻq, uning parvoyi palak. «Xavotir olmanglar, ish puxta boʻlgan, ketsa faqat Sharifning oʻzi ketadi», deydi.
— Koʻzdan qochirma uni. Sal aynisa, Hosil akasining izidan joʻnatvor.
— Ha, akasini zeriktirmasin, — dedi Kesakpolvon hojasining fikrini ma’qullab. — Urugʻ-aymogʻi bilan quritish kerak. Buni menga qoʻyib ber. Yana bir gap: prokuror bolani ham oʻtqizib qoʻyishibdi.
— Qaysi prokuror bola?
— Oyogʻimiz ostida bir oʻralashuvdi, esingdami? Mahmudni ham soʻroqqa chaqirib, duch kelgan teshikka tumshugʻini tiqyatuvdi.
— Uni nimaga qamashibdi?
— Sharifga aloqasi bormishmi-ey...

Asadbek «Sen aniqroq bilasanmi?» deganday Chuvrindiga qaradi.
— Qilich Sharifni qamatganida ish shu bolaning qoʻlida edi, — dedi Chuvrindi izoh berib. — Bir narsadan gumonsirashgandir.

Asadbek uchun bu yangilik xavotirliroq boʻldi. Dastlab arzimasday koʻringan bu oʻrama faqat Sharif Namozovni emas, balki boshqalarni ham oʻz domiga tortishi mumkin ekanligi endi aniq edi.
— Maskovlikning afti-angorini koʻrdingmi, oʻzing?
— Koʻrmadim, — dedi Chuvrindi.
— Afti-angorini nima qilasan, jigʻildonini koʻrish kerak, — dedi Kesakpolvon.
— Jigʻildoni nahangnikiday boʻladi-da, — dedi Chuvrindi.

Asadbek a’yonlarining gaplariga e’tibor bermay bir oz oʻyga toldi. Soʻng bir qarorga kelib, Chuvrindiga qaradi:
— Mahmud, payiga tush. Yana kavlab-kavlab Qilichga osilmasin. Agar Qilich ilinib qolsa, chatoq boʻladi.
— Qilichning ilinishini kutib oʻtiramizmi? Uni bir yoqli qilish kerak.
— Hozir emas.
— Sen bir narsani bilmaysan. Menga Gʻilay aytdi. U xunasa qamoqda oʻtirganida ham Hosilning oyogʻini yalab yurgan.
— Hozir emas, deyapman! — Asadbek zarda bilan gap boshlab, keyin oʻzini bosdi. — Hozir Qilichni yoʻqotsang, maskovlik xitlanadi. Mahmud, Qilichning yoniga ishonchli odamni qoʻy. Yursa — birga yursin, yotsa — birga yotsin. Har bir nafas olishi kuzatuvda boʻlsin.
— Shu ehtiyotkorliging menga yoqmayapti, — dedi Kesakpolvon. — Axir odam ichketar boʻlib oʻlib qolishi ham mumkin-ku? Birov axlatini titib, sening izingni toparmidi?
— Kerak boʻlsa juda topadi-da! Lekin mening izimni emas, sening achib-bijib ketgan ahmoq miyangni topadi. Keyin «Shu ahmoq miyani yeb zaharlanibdi», deb qoʻya qoladi, — dedi Asadbek jahl bilan.

Ularning maslahati pishmay turib, eshik qiya ochildi-da, boloxonadagi yigitlardan birining boshi koʻrindi:
— Xoʻjayin, bir odam soʻrayapti, — dedi u aybdor bola kabi dovdirab.
— Kim ekan? — dedi Kesakpolvon zarda bilan. — Avval kimligini bilib, keyin kelmaysanmi, s-soʻtak!
— Kimligini bildim, aka: Maskovdan kelibdi. Xongir degan odamdan salom olib kelganmish. Xongirning kimligini xoʻjayin bilarkanlar...

Xongireyning nomini eshitib, Asadbek bilan Chuvrindi bir-biriga sirli ravishda qarab oldilar. Moskvadagi uchrashuvdan bexabar Kesakpolvon esa ensasi qotib soʻradi:
— Kimdan deding?
— Xongirmi... Gapiga yaxshi tushunmadim. Tilidan oʻrisga oʻxshamaydi. Gurzinmi deyman...
— Bir oʻzimi yo sherigi bormi? — deb soʻradi Chuvrindi.
— Bitta oʻzi keldi.
— Chaqir, kirsin, — dedi Asadbek.

Chaqirilmagan mehmonni Asadbek ham, Chuvrindi ham darrov tanidilar. Moskvadagi uchrashuvda Xongirey yonida turgan, artistlarday oʻziga bino qoʻyib kiyingan, qaldirgʻoch moʻylovli bu yigitni ehtirom bilan kutib olib, toʻrga oʻtqizdilar.
— Qalay, Xongirey sogʻ-salomat yuribdimi? — deb soʻradi Asadbek.
— Ollohga shukr, — dedi mehmon. — Xongirey senga-da salomlar yubardi. Oʻzing nechuksan? Sogʻmisan, qardosh?

Uning yosh boʻla turib sensirashi uchovining gʻashlarini keltirgan boʻlsa-da, sir boy berishmadi. Nozikroq odamlar bilan Asadbekning oʻzi gaplashardi. A’yonlar u yoki bu masalaga koʻz qarashlari bilan munosabatlarini bildirib turishardi. Bu safar ham an'ana buzilmadi.
— Qoʻngʻiroq qilganingda kutib olardik, Xongireyning odami biz uchun aziz mehmon, — dedi Asadbek uning savollariga javob bermay.
— Kelib-ketib yurgan yerim. Bu joylar oʻz uyimday boʻlib qolgan. Seni bezovta qilmoqning hojati yoʻqtur.
— Qanday yumush bilan kelding? Balki yordamimiz tegar?
— Yordammi? E, yoʻq, qardosh menga yordam kerakmas. Kerak boʻlsa, bizlar senlarga yordam berishimiz mumkin. Men bu yerga Xongireyning ukasini koʻrgani kelgan edim. Sen uni taniysan — Hosil. Uyida yoʻq, ofisida yoʻq. Safarga ketgan emish. Sen bilmaysanmi? Qaerga ketgan? — U shunday deb Asadbekka sinovchan tikildi. Asadbek undan nigohini olib qochmadi, tik qaraganicha kiprik qoqmay javob berdi:
— Uning oʻz kallasi, oʻz oyoq-qoʻli bor, istagan tomoniga bora beradi. Mendan soʻrab oʻtirmaydi.
— Sen uni yaqin orada koʻrmadingmi?
— Yaqin orada koʻrmadim.
— Eslab koʻr-chi, qachon koʻrgan eding?
— Sen Xongireyning odamimisan yo prokurormisan? — dedi Asadbek kinoya bilan. U shu tarzda mehmon izzatini bilmayotganini ma’lum qilib qoʻymoqchi edi. Mehmon bu kinoyani samimiy hazil oʻrnida qabul qilib, kulimsiradi:
— Qardoshim, men Xongireyning bosh prokuroriman. Hosilni qachon koʻrganing meni juda-juda qiziqtirib qoldi. U bugun yo ertaga Xongireyga juda-juda kerak. Uni qidirib topishim shart. Yo tirigini yo oʻligini, angladingmi?
— Menga qara, «bosh prokuror», Hosilning jilovi mening emas, xoʻjayiningning qoʻlida. Agar «juda-juda qiziqsang», eshit: Maskovdan qaytganimdan keyin uni koʻrganman.
— Uyingga oʻzi kelgan, a? — dedi mehmon, «Bundan bizning ham xabarimiz bor», degan ma’noda.
— Ha, uyimga ham kelgan.
— Oralaringdan gap qochmaganmidi?
— Hosilning men bilan gap talashishi uchun yana ellik qovun pishigʻi bor. U mening oldimda kim, bilasanmi? U — bir laycha!
— Oʻ, goʻzal! — dedi mehmon barmogʻini qarsillatib. — Juda goʻzal! Hosil — laycha. Asadbek — oʻq ilon! Xongireyga aytib qoʻyishim shart. Qardosh, sen ayt, agar laycha akillab gʻashini keltirsa, oʻq ilon chaqib oʻldirishi mumkinmi?
— Agar oʻq ilon chuvalchang zotidan boʻlsa, chaqadi. Haqiqiy oʻq ilon bunaqa past ketmaydi.
— Menga yoqyapsan, qardosh! Endi yana bir gap: Xongireyning Kozlov degan yana bir ukasi bor. Krasnoyarskda turadi. Eshitganmisan?
— Eshitganman.
— Oʻsha senikiga mehmonga kelmoqchi ekan, kelmadimi?
— Yoʻq.
— Qiziq, senikiga mehmonga kelmoqchi ekan, — deb gapini qaytardi mehmon. — Agar bugun-erta kelib qolsa, Xongireyga xabar qil. Kozlovning ozgina qarzi bor, toʻlab qoʻysin-u, yuraversin. Ha, aytmoqchi, qardosh, ijozat ber, men Xongireyga telefon qilib olay.

Chuvrindi turib telefonni oldi-da, uni mehmonning qoʻliga tutqazdi. Mehmon lozim raqamlarni tergach, oʻtirganlarga bir-bir sinovchan tikildi. Soʻng, Moskvadan javob boʻlgach, oʻz tilida gapira ketdi. Xongirey bilan gaplashdimi yo boshqasi bilanmi, ular tushunishmadi. Asadbekning nomi ikki-uch marta tilga olingani esa ular uchun jumboq boʻlib qolaverdi.
— Endi menga ruxsat ber, — dedi mehmon goʻshakni joyiga qoʻygach.
— Sen mehmonsan, — dedi Asadbek, — oʻzbek palov yemagan mehmoniga ijozat bermaydi.
— Oʻ, tashakkur, jon qardosh, palov yegani kelaman.— U shunday deb oʻrnidan turdi.

Asadbek Chuvrindi bilan koʻz urishtirib oldi. Nigohlarning bu uchrashuvi qanday ma’no anglatishini uqqanday mehmon ostonada toʻxtab, orqasiga oʻgirildi-da:
— Qardosh, orqamdan odam qoʻyishni oʻylama. Biz koʻpchilikmiz, — dedi.
— Xotirjam boʻl, mening bunaqa odatim yoʻq, — dedi Asadbek.

Mehmon koʻzdan yoʻqolgach, ular oʻz oʻrinlarini egallashdi.
— Is olibdi-da? — dedi Kesakpolvon sovub qolgan choyini hoʻplab. Soʻng jahl bilan Chuvrindiga qaradi: — Mahmud, chaqir bittasini, choyni yangilasin.

Choy yangilangunicha xonaga sukut hukmronlik qildi. Chuvrindi bunday paytda hojasining gapirishini kutadi. Kesakpolvon esa yuragi toshib, betoqatlanadi. Hozir ham fikrini bayon qilmoq uchun bir-ikki ogʻiz juftladi-yu, Asadbekning xoʻmrayib oʻtirishini koʻrib, shashti qaytdi.
— Mahmud, Maskovga borib kelishing kerak. Gʻilayni olib bugun uch, — dedi Asadbek.

Uning gaplari munozaraga oʻrin qoldirilmagan tarzda, amr ohangida aytilgan boʻlsa-da, Kesakpolvon oʻzini tutib tura olmadi:
— Darrov yuborma. Qoʻrqibdi, bir gap bor, deb gumonsiraydi.
— Yoʻq, bugunoq joʻnaydi. Vaqt oʻtsa — gazak oladi. Men Maskovdan bir sado kelishini kutyatuvdim. Xongirey meni ogohlantirgan edi. Kozlov qochganga oʻxshaydi. Sharifni qamagan prokurorning kelishida ham Xongireyning xizmati boʻlishi mumkin. Vagonni Xongireyning odamlari xitlarga roʻpara qilgan.
— Qoʻrqoq boʻlib qolibsan, — dedi Kesakpolvon.

Alam dengizi toʻlib turgan Asadbekka bu gap malol keldi. Gʻazab jilovini uzdi-yu, qoʻlidagi piyolani Kesakpolvonga qarab otganini oʻzi ham bilmay qoldi. Piyola Kesakpolvonning qulogʻi yonidan uchib oʻtdi-da, devorga tegib sindi. Chuvrindi chaqqon turib hojasining yelkasidan ushladi. Kesakpolvon esa oʻrnidan jilmadi. Boshini egib oʻtiraverdi.

XII bob

1

Tunlarni toʻlgʻoq bilan bedor oʻtkazayotgan faqat Asadbek emasdi. Shifoxonadagi Elchin ham shunday holatda edi.

Farqlari — Asadbekning jon taslim qilish onlari tobora yaqinlashardi. Elchin esa, aksincha — uzoqlashayotganday edi. Asadbekning uqubatli umr yoʻli adogʻiga yetay deganida Elchinning azobli hayoti davom etadiganday edi. Ilgari Elchin tikonli choʻl boʻylab yalangoyoq yugurgan boʻlsa, endi olov sahrosida kuyib, qovjiraydi. Ruh azobi xuddi soya kabi unga ilashib yuraveradi. Bora-bora oʻlim Ollohning soʻng jazosi emas, balki mukofoti ekaniga ishonadi. Ana shu mukofotga yetishmoqni orzu qiladi. Ruhi ezilgan damlarda «Xudo qaysi gunohlarim uchun jazolayapti?» deb oʻziga-oʻzi savol beradi. Ajab dunyo... faqat Elchin emas, bu dunyo azobidan ozgina tatib koʻrgan har qanday banda shu savolga javob topmoqni istaydi. Agar bu ojiz bandalar «Qanday yashasam gunohga botmayman, jazoga duch kelmayman», degan savolni koʻndalang qoʻyib hayot kechirsalarmi edi, oqibat qaysi gunohlari uchun jazo olayotganlarini bilmay sar-sari boʻlmaslar edi.

Elchinning hali bunday xulosaga kelmogʻiga fursat bor. Shifoxonada hushiga kelgach, u boshqa narsalarni oʻylaydi. Oʻq yeb yiqilgan Hosilboyvachcha tomon yurgani, koʻcha eshik zarb bilan ochilgani, Gʻilay qoʻlidagi toʻpponcha oʻt ufurgani... sinema tasmasiday qayta-qayta koʻz oldida gavdalanaveradi. Soʻng... ota-onasi... Noilasi... Soʻng... ilonzordagi Hosilboyvachcha... Nima edi bu? Tushimi edi yo alahsiradimi? Yoki... u dunyoga borib-qaytdimi? Bir oʻlib, bir tirildimi?

Bu jumboq edi. Bu jumboqni yechmoq uchun koʻp bosh qotiradi. Oqibat... qiyomatdagina javob topadi...

Elchin dastlab hushi oʻziga kelganida koʻzini ochib, oq libosli hamshirani koʻrdi. Uni farishta qiyofasidagi Noila deb xayol qildi.
— Noila, yana koʻrishdik, endi meni haydama, — dedi.

Bu gapni xayolida aytdi — quruqshagan lablari salgina qimirlab qoʻydi xolos.

Soʻng... koʻrgani hamshira xira pardaga oʻrala boshladi. Xira parda zulumot chodiri bilan almashildi.

Ayol kishi ovoz berdi:
— Doktor, yuragi toʻxtayapti...

Kim u? Nima uchun bunday dedi? Elchinning nazarida yuragi temirchining bosqonidek gupillab urardi, qulogʻi ovozlarni eshitardi. Faqat... koʻz oldi qorongʻilashdi. Keyin... ovozlar uzoqlasha boshladi. Keyin u yengil qushga aylandi. Ucha boshladi. Xuddi Gʻilay-ning toʻpponchasidan oʻq otilgach parvoz qilgani kabi... Uchdi, uchaverdi...

Shaharni osmondan turib tamosha qildi.

Odamlar... chumolidan kichik, chumolidan ojiz...

Yerda yurishlari esa...

Yerda yurganlarida oʻzlarining bu qadarli ojizliklarini nima uchun bilmaydilar ekan?

Kekkayib yuruvchi odamzotning aslida chumoli kabi zaifligidan ajablanayotgan Elchin endi pastga qulay boshladi. Pastga, oʻzi kabi kibrli odamzot bagʻriga qarab uchdi, uchaverdi. Qoʻrqdi... Yer-parchin boʻlib oʻlishdan qoʻrqdi.

Birdan... Anvar koʻrindi! Sogʻingan doʻst kabi qulochini keng yoyib, unga bagʻrini ochdi.

Ajablanarlisi shundaki, uning oyoqlari yerda emasdi, balki u ham Elchin kabi uchardi. Anvar uni quchoqlab oldi. Elchin qamoqdan qaytayotganida Anvar bilan uchrashuvni koʻz oldiga keltirganda ana shunday quchoqlashishni umid qilgan edi. Afsuski, xayoli puch boʻlib chiqib, uni jinnixonadan topdi. Sogʻingan doʻstlar quchoqlashib koʻrishmadilar. Oʻsha umid... mana endi amalga oshdi. Anvar quchoqladi...

Ammo... Anvar oʻlgan edi-ku?..
— Anvar! — dedi Elchin hapriqib, — Qayoqdan kelding? Meni kutayotganmiding?
— Yoʻq, seni kutmayotgan edim. Oʻzing qayoqdan paydo boʻlding? Nima bor senga bu yerda?
— Bu yer... deganing nima?
— Tushunmadingmi?.. Tushunmaysan...
— Qamoqdaligimda tushlarimga kirarding. Nu-qul kichkina bolaga aylanib oʻynardik. Hatto... oʻqituvchi oʻtiradigan kursiga ingichka mix qoqib qoʻyganimiz ham tushimga kiruvdi. Keyin... Chiqqanimdan keyin ham tushimga kirding. Yomon tushlar koʻr- dim.
— Qanaqa tush?
— Aytmayman, xosiyati yoʻq.
— Ayt, bilgim kelyapti.
— Oʻzingni osib qoʻygan emishsan.
— Bu tush emas edi...
— Sen oʻzingni rostdan ham osdingmi? Sen... rostdan ham... oʻldingmi?
— Ha, oʻlganman.
— Unda hozir men... tush koʻryapmanmi?
— Shunga yaqin.
— Uygʻonganimdan keyin seni koʻrmaymanmi?
— Koʻrmaysan.
— Unda... meni qoʻyib yubor.
— Avval seni hayotingga eltaman.
— Hayotimga?.. Qanaqa hayotimga?
— Sen meni jinnixonadan chiqargan eding. Men qarzimni uzaman.
— Sening... odamlarni hayotga eltadigan kuching bormi?
— Yoʻq, men faqat amrni bajaruvchiman.
— Kimning amri?
— Aqlingni ishlat...

Soʻnggi soʻzlar aks-sado berib takrorlandi. Takrorlanaverdi. Keyin bu ovoz yurak dupuriga aylandi. Yana oʻz yuragining dukurini eshitdi. Keyin notanish ovozlar... Keyin koʻzlarini ochdi.

Bunday holat bir necha marta takrorlandi. Dam hushini yoʻqotib, dam oʻziga kelib yotdi. Oradan qancha vaqt oʻtganini fahm etmadi. Gohida bu shifoxonaga kechagina kelganday tuyulardi. Gohida esa yillab yotganday boʻlardi goʻyo.

Ana shunday kunlarning birida Zaynab keldi. Avvaliga uni tanimadi. Bunga koʻz oldini qoplagan xira parda sabab, deb oʻyladi. Aslida esa, Zaynab keyingi kunlar ichi chindan ham tanimas darajada oʻzgargan, ozib, husn-latofatini yoʻqota boshlagan edi. Chuvrindining xotini uni pardoz qilishga bejiz undamagan edi. Elchin Zaynabga hamroh boʻlib kelgan Chuvrindining xotinini avval koʻrmagani bois ham uni tanimadi.

Zaynab eriga sassiz tikilib turgan boʻlsa-da, Elchinning quloqlari ostida uning alamli nidosi jaranglayverdi:
— Xudo ursin sen iflosni!!!

Oʻsha qorongʻu uyda, nomusi bulgʻangan damda pokiza yurakning alamli nidosi boʻlib uchgan bu faryod soʻzlari Elchinning xotirasiga muhrlangan edi. Hozir, oʻlim bilan hayotning qil koʻprigi ustida turgan mahalda jaranglab, qalbdagi yaralarini tirnab tashladi. Soʻng bu soʻzlar oʻzgargan holda, pastroq ohangda, ijro boʻlgan hukmning intihosi sifatida eshitildi:
— Xudo uribdi-da, oxiri, Xudoga shukr...

Yoʻq, Zaynab aytmadi bu gapni. Buni Elchinning dili juvon tilidan aytdi. Yaxshiki Zaynab bir soʻz aytmadi, uzoq turmadi. Gapirsami edi, uning shirin soʻzlari ham kamon oʻqlariga aylanib, dilini yaralardi. Koʻproq tursami edi, yaralangan qalbi oʻkinchning temir tirnoqlari orasida majaqlanib azoblanardi. Zaynabning tez qaytishi uni bu azoblardan qutqardi.

Zaynab chiqib ketgach, uxladimi yo hushini yoʻqotdimi, bilmaydi. Harholda yana yengil parvoz etganday boʻldi. Avval Noilani koʻrdi. Uni kirlanib ketgan libosda koʻrib, koʻngli kirlandi.
— Noilam, men senga yangi koʻylak olib beray, — dedi Elchin.

Noila javob bermadi.
— Noila, nega indamaysan?
— Sizni... Xudo urgani rost...
— Noila, unday dema.
— Xudo urgani rost...

Elchin hayratlandi: qarshisidagi Noila Zaynabning ovozi bilan gapirardi.
— Noila, sen unday dema, men qasos olishim kerak edi, qasos olyapman.
— Zaynabni xorlashingiz qasos emas.
— Tuzalib chiqsam, hammasini oʻldiraman!

Bu gapni eshitib, Noila kula boshladi. Zaynabning ovozi bilan kuldi. Xoxolab kuldi. Koʻzlaridan yosh quyilib, oʻksib-oʻksib yigʻlab kuldi. Elchin bunaqangi holatni sira uchratmagan edi. Shu bois «Kulma», deyishni ham, «Yigʻlama», deyishni ham bilolmay kalovlandi. Ovutish uchun qoʻllarini uzatgan edi, Noila uzoqlashdi. Uzoqlasha-uzoqlasha, oxiri bir nuqtaga aylanib, soʻng yoʻq boʻldi. Yigʻi aralash kulgisi esa eshitilib turaverdi.

Xonada bir narsa taraqlab, Elchin choʻchib tushdi. Koʻzini ochdi. Xona gʻira-shira yorugʻ. Kimsasiz. Jim-jit. Elchin biqinida uygʻongan ogʻriqqa chidolmay, ingrab qoʻydi. Ichi kuyib, lablari qurib chanqadi. Najot tilab, «Suv», deb pichirladi. Najotkor topilmadi. «Oʻlayotgan odamning yonida bir odam oʻtirib, suv tomizardi, — deb oʻyladi Elchin. — Menga... shu ham nasib etmadi. Anvar tirik boʻlganida yonimda oʻtirardi. Hech kimim yoʻq... Atrofim toʻla odam edi. Qoʻl qovushtirib turishardi. Qani ular?.. Hech boʻlmasa bittasi kelib, labimga bir tomchi... bir tomchigina suv tomizsa-chi...»

Odamlar koʻp edi, rost. Ammo ular pastda, Elchin esa yuqorida edi. Elchin ularga, ayniqsa qamalishidan avval yettinchi osmondan turib qarardi. Har bir odamning bolaligida orttirgan doʻstlari ogʻir damlarida suyanishi mumkin boʻlgan togʻdir. Elchinning «togʻ»larini toʻylari yemirib, ado qildi. Ayrim doʻstlarini oʻzi nazarga ilmadi. Ayrimlarinikiga esa Asadbekka tegishli odamlarning toʻylari bilan bir vaqtda boʻlgani sababli borolmadi. Doʻst togʻlari yemirildi. Farzand togʻi-chi?

Oʻshanda... nodonlik qildi.

Noila homiladorligini aytdi-yu, ma’yuslandi.
— Nega xafasan? — deb soʻradi Elchin.
— Agar... mastlik holatida boʻlsa... bola nogiron tugʻilarkan. Oʻylab qarasam, mast boʻlmagan kuningiz yoʻq...
— Unda oldirib tashla...

Osongina hukm chiqardi.

Noila osongina koʻndi. Soʻng... yana...

Oʻz farzandlariga oʻzlari oʻlim hukmini yozdilar.

«Nogiron boʻlib tugʻilavermaydimi, hech boʻlmasa labimga bir tomchi suv tomizishga yarardi-ku...»

Elchin ingradi. Bu safar ruh azobidan ingradi. Bu azob oʻq teshgan, tigʻ tekkan badanining ogʻrigʻidan ming karra kuchliroq edi. Bu azob uning hushini oʻgʻirladi.

Endi u parvoz qilmadi. Oyoqlariga botmon-botmon tosh osilganday qiynalib yurdi.
— Ha, qiynalib ketdingmi?

Elchin Anvarning ovozini tanib, atrofiga alangladi.
— Men senga nima deganman? Jinnixonaga kelganingda dunyo formulasini koʻrsatganman. Esingdami? Haqiqat nimaga barobar edi? Esla: haqiqatning nimaga barobar ekanini topish uchun xiyonatni riyoga qoʻshamiz, hasad bilan ochkoʻzlik qavs ichida qoʻshiladi. Adovat, gʻiybat, nifoq, shuhratparastlik, mansabparastlik esa ildiz ostida qoʻshiladi. Bularning hosilasidan vijdon, iymon, hayoning qoʻshilmasini ayirsak, barobar nol! Haqiqat — nol, deganimda sen meni jinniga chiqaruvding.
— Boʻlmagan gap! Seni hech qachon jinni deb hisoblamaganman. Sen oʻzingni jinnilikka solib yurarding. Dunyo formulasini yaratib, dunyoni osongina tashlab ketding. Sen dunyoga xiyonat qilding.
— Oʻzing sodiq qolaver dunyoyingga.
— Men qasoskor odamman. Qasos olish uchun ham yashashim kerak. Endi sen uchun ham qasos olaman!
— Men uchun?.. Nima qilmoqchisan?
— Xolidiy sen osilgan joyga osiladi.

Anvar kuldi, xoxolab kuldi.
— Kulma, men ont ichganman.
— Qachon?
— Senga janoza oʻqilgan kuni. Hamxonang menga aytib bergan hammasini.
— Hammasini? Nimaning hammasini?

Oʻsha kuni, Anvar lahadga qoʻyilib, qabriga tuproq tortilgach, barcha tarqalib, Elchin doʻstini yolgʻiz tashlab ketgisi kelmay oʻtirganida «Eng kichik ilmiy xodim» unga yaqinlashib, bilganlarini aytgan edi. Anvarning Xolidiy bilan toʻqnashuvlari, gazetadagi maqola, Hikmat Oʻrolovning oʻlimi, qabristondagi ma’ruza... hammasini aytdi. Ana oʻshanda Elchinning qalbida yovuz bir fikr uygʻondi. Xolidiy aynan oʻsha jinnixonaga, aynan oʻsha hojatxonaga osilishi kerak, deb hukm qildi. Faqat... hukm ijrosi kechikdi... Elchin Anvar ishlagan institutga borib, Xolidiyni koʻrib ham keldi. Uning koʻzlari olayib, tilini tishlagan holda hojatxonada osilib turishini istadi. Juda-juda istadi. Faqat... kechikdi.

...Hushsiz yotgan Elchinning xayolidagi Anvar kulardi, toʻxtovsiz kulardi.
— Kulaverma hadeb, — deb ranjidi Elchin. — Oʻldirishimga ishonmayapsanmi?
— Ishonyapman. Lekin sen osganing bilan u oʻlmaydi. U koʻp boshli ajdaho. Bitta boshini osganing bilan boshqalari omon qolaveradi. Bogʻbonlarning ishlarini kuzatganmisan? Bitta shoxning uchini kessa, oʻsha yerdan ikki-uchta surhcha chiqadi. Sen bitta Xolidiyni oʻldirsang, yonidan ikki-uchta Xolidiy oʻsib chiqaveradi. Ularni osishga hojatxona yetmaydi.

Shunday deb yana kuldi. Xoxolab kuldi.
— Senda qasoc tuygʻusi yoʻq edi, — dedi Elchin oʻychan tarzda.
— Senda bormi? Bekor gap! Sendagi tuygʻu — puch bir narsa!
— Bekor aytibsan!
— Sening qasosing kimga kerak? Faqat oʻzingga. Koʻngil xumorini bosish uchun kerak. Sening qasosing — kashandaning chilim chekishidek bir gap. Xumor tutganda bir chekadi, tamom.
— Sen... ket... boshqa kelma... Istamayman sen bilan gaplashishni. Noila bilan tillaring bir.
— Noila nima deydi?
— Zaynabga achinyapti.
— Toʻgʻri qiladi.
— Bu qasos emas edimi?
— Qasos emas edi, toʻgʻri.
— Bunday dema! Bu— qasos! Men Asadbekni qiynab oʻldiraman! Keyin hammaga aytaman: bunday ifloslar jazosiz qolmasligi kerak, deyman!
— Qoʻlingdan kelmaydi.
— Keladi!
— Yoʻq... endi yoningda Zelixon yoʻq...
— Usiz ham eplayman!

Anvar kuldi, xaxolab kuldi... Soʻng...

Soʻng ovozi uzoqlashib, oqibatda oʻchdi. Keyin qargʻa qagʻilladi. «Ovozing oʻchsin», deb oʻyladi Elchin. Qamoqda ekanida, Rusiyaning sovuq oʻrmonlarida yurgan kezlarida «Qargʻaning qagʻillashida xosiyat yoʻq», deb eshitib, shu aqidaga amal qilishga odatlangan edi. Shu bois «Kisht!» deb haydamoqchi boʻldi. Qargʻa uning poʻpisasini nazarga ilmadi. Qagʻillayverdi. Shunda Elchin tush koʻrmayotganini anglab, koʻzlarini ochdi. Ovoz kelgan deraza tomonga qaradi. Boshi aylanib deraza, deraza orqali koʻrinib turgan daraxt shoxlari ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Koʻzlarini chirt yumib, chuqur nafas olgan edi, biqinidagi ogʻriq zoʻraydi.

Qargʻa yana qagʻilladi. U koʻzlarini ochib qaradi. Bu safar boshi aylanmadi. Tashqarida daraxt shoxiga qoʻnib, shu xonaga qaraganicha qagʻillayotgan qargʻa qanotlarini patillatib qoʻydi-yu, uchmadi.

«Senga nima kerak?» deb pichirladi Elchin.

Qargʻa «gapingga tushunmadim», deganday boshini qiyshaytirdi, soʻng shoxni choʻqilab qoʻydi.

«Qanday ahmoq maxluqsan oʻzing?! — deb oʻyladi Elchin. — Senga nima bor bu yerda? Menga qanday xabar olib kelding? Oʻlim xabarimi yo hayot umidimi?.. Yoʻq... Senga hayot umidini yetkazish vazifasi berilmagan. Sen bor joyda yaxshilik urugʻi quriydi. Sen kelsang birov quvonmaydi, ketsang — ranjimaydi. Sen... Xudo qargʻagan qushsan... Qiziq... Qargʻa — Xudo qargʻagan qush... Qiziq... «Qargʻish» degan soʻz «Qargʻa»dan olinganmi? Xudo qargʻagan bandasiga qargʻani roʻpara qiladimi?..»

Bu fikr Elchinning tovonidan boʻgʻzigacha oʻtmas pichoqda tilib, tuz sepganday boʻldi. Bu ogʻriqqa toqat qilolmay, qaddini koʻtarib, «Kisht!» dedi. Qargʻa uning ojiz sasini eshitganday, boshini burib qaradi. Soʻngra esa «Vazifamni bajarib boʻldim», deganday bir qagʻilladi-yu, uchib ketdi.

2

Professor Habib Sattorov Londondan qaytgach, Moskvada yana ikki-uch oy qolmoqchi edi. Uyiga qoʻngʻiroq qilib, xotinidan «Tezroq kelsangiz yaxshi boʻlardi» degan mujmal gapni eshitgach, fikri oʻzgardi. «Hoynahoy onam betobdirlar. «Eringni chaqirtir», deb siquvga olgandirlar», degan oʻyda yoʻlga hozirlandi.

Uyiga kirib kelishi bilan soʻragan birinchi savoli shu boʻldi:
— Oyim tuzukmilar? Nega lanj gapirding?
— Oyim... tuzuklar. Birpas damingizni oling. Sogʻindik-da... — dedi xotini jilmayib. Habib Sattorov sezgir odamlar toifasidan emas. Inson ruhiyatidagi, chehrasidagi oʻzgarishlarga yetarli ahamiyat bermas edi. Sezgirroq boʻlganida xotinining jilmayishi ortida bir dard yashiringanini, tashvishli xabar aytishga tili aylanmay qiynalayotganini fahmlagan boʻlardi.

Qizlari oʻqishda, uyda er-xotin yolgʻiz edilar. Shu bois «sogʻinish» soʻzi Habibga oʻzgacha ohangda eshitilib, xotinining beliga qoʻl yubordi.
— Voy oʻlay, kuppa-kunduz kuni-ya! — dedi xotini nozlanib.

Bu nozlanishdan soʻng u oʻzini erining bagʻrida koʻrdi.

Telefon jiringlamaganida sogʻinch degan tuygʻu ularni noqulay ahvolga solib qoʻyishi mumkin edi. Chunki telefon qoʻngʻirogʻidan koʻp oʻtmay kichik qizi oʻqishdan qaytdi...

Habib Sattorov choy ichib boʻlgach, kiyimini almashtirdi.
— Bi-ir ishxonaga oʻtib kelay, — dedi u xotinining savol nazariga javoban.
— Hovliga-chi? Oyimlarni koʻrgani bormaysizmi?
— Boraman, boraman... Avval institutga oʻtaman. Hovliga keyin. Fanlar akademiyasidan bir xalta qogʻoz berishgan. Direktorga topshirib qoʻyay, balki zarur hujjatlardir...

Xotini labini tishladi, ammo gapini ayta olmadi.

Habib Sattorov institutga kiraverishdagi dahlizga osilgan, atrofi qora hoshiya bilan oʻralgan suratni koʻrib, toʻxtadi. Shu dargohda uzoq yillar ishlagan, lekin ilmga zarracha foyda bermagan, keyingi yillarda «keksa olim» sifatida yoshlarga pand-nasihat qilib yuruvchi ilmiy xodimning olamdan oʻtgani haqidagi xabarni oʻqib, «Xudo rahmat qilsin», deb qoʻydi. Habib Sattorov Londonga ketmasidan ilgari bu odam uning xonasiga kirib: «Oʻylab qarasam, shuncha ishlabman-u, bitta otning taqasini ham berishmabdi. Hatto bitta medalim ham yoʻq-a?! Oʻlib qolsam, yostiqchaga nimani tikib olib chiqishadi. Bolalarimdan uyalaman. Xoʻjayinga siz ayting. Qirq yildan oshiqroq ishladim. Hech boʻlmasa «Mehnat veterani» medalini olib bersin», degan edi. Habib Sattorov «Katta» bilan yaxshi munosabatda boʻlmasa-da, uning iltimosini aytgan edi. «Medalni olishga ulgurdimikin? — deb oʻyladi Habib Sattorov. — Bechora olgan mukofotlarini yostiqchaga qadab, tobutining oldida koʻtarib borishlarini orzu qilgan ekan-da? Bu mukofotlar u dunyoda ish berarmikin? Mukofotlari yoʻqlar nima qilarkin?..»

Shu fikrlarda ketib borayotganida hamkasblari yoʻliqib, uni eson-omon qaytgani bilan qutlab, soʻngra «Bandalik», deb qoʻyishdi. Habib Sattorov buni keksa ilmiy xodimga nisbatan aytiluvchi soʻz deb oʻylab, «Ha, endi, umr degani shu-da» deb qoʻyaverdi. Bildirilgan hamdardlikka bu holda loqaydlik bilan javob berilishidan ajablandilar. Ammo hech biri «Ukasi oʻlgan odam ham shunaqa boʻladimi?!» demadi.

Habib Sattorov qabulxonaga kirib, rahbar oʻtirgan xona eshigini ochmoqchi edi, kotiba toʻxtatdi:
— Sohib Poʻlatovich bandlar.
— Majlismi? — dedi Habib Sattorov toʻxtab.
— Bandlar, — dedi kotiba labini burib.
— Meni taniyapsizmi? — deb ajablandi Habib Sattorov. U rahbar bilan yaxshi munosabatda boʻlmasa-da, boshqalarga nisbatan bu xonaga bemalol kirib-chiqaverar edi.
— Taniyapman, — dedi kotiba, keyin tortmasidan bir varaq qogʻoz chiqarib uzatdi: Habib Sattorov uning bu qiligʻidan ajablanib, qogʻozni olib oʻqidi: «Buyruq №... Mehnat intizomini surunkali buzgani uchun Habib Sattorov vazifasidan ozod etilsin...»

Habib Sattorov buyruqni qayta-qayta oʻqib, kotibaga «Eslaring joyidami?!» deganday qaradi. Bunday tushunmovchiliklarga, ajablanishu hayratlanishlarga koʻnikib qolgan kotiba «Menga nima, buyruqni men chiqarmayman», deganday kichkina egovchasi bilan tirnogʻini egovlayverdi.
— Kim bor oldida? — dedi Habib Sattorov ovozini balandlatib.
— Mumkin emas, bandlar, — dedi kotiba yana labini burib.

Habib Sattorov yana bir oz chidab turdi-da, keyin kotibaning hay-haylashiga qaramay, eshikni shart ochib, ichkari kirdi. Asosiy xona kimsasiz, biroq, orqa tomondagi dam olish xonasidan ayol kishining nozli kulgilari eshitilardi. Habib Sattorov «Nima qilsam ekan?» deb oʻylab turmadi. Dam olish xonasiga bostirib bordi. Chala yarim yechingan holicha baqaloqdan kelgan Sohib Poʻlatovga karashmalar qilayotgan yigirma uch-yigirma besh yoshlardagi juvon eshikdan kirib kelgan Habib Sattorovga koʻzi tushib, qichqirib yubordi. Bu qichqiriqdan choʻchib tushgan Sohib Poʻlatov orqasiga oʻgirilib, kutilmagan mehmonni koʻrdi-yu, avvaliga bir oz dovdiradi. Soʻng oʻzini qoʻlga olib, jilmayganicha oʻrnidan turdi-da, hech narsa boʻlmaganday Habib Sattorovga qoʻl uzatib, koʻrishmoqchi boʻldi:
— Habib Sattorovich, salom, salom, yaxshi keldingizmi?

Habib Sattorov unga qoʻl choʻzmadi, koʻrishmadi. Sohib Poʻlatov bunga ham e’tibor bermaganday, qizga qaradi-da:
— Siz boravering, ishingizni qilavering. Hammasi yaxshi boʻladi, — dedi. Soʻng Habib Sattorovni katta xonasiga boshlab, oʻz oʻrniga oʻtirdi. U qisqagina fursatda dovdirash, oʻngʻaysizlanishdan butunlay qutulgan, jiddiy, mulohazali rahbar qiyofasiga kirib olgan edi. U qoʻngʻiroq chalib, kotibasini chaqirdi-da, ikki kishilik qahva buyurgach, Habib Sattorovdan:
— Safaringiz yaxshi oʻtdimi? — deb soʻradi.
— Safar-ku, yaxshi oʻtdi, ammo mana bunga tushunmadim, — dedi Habib Sattorov qoʻlidagi qogʻozni unga uzatib.
— Nima bu? — dedi Sohib Poʻlatov hech narsadan xabari yoʻq odamday. Keyin buyruqqa koʻz yugurtirgach, qogʻozni nari surdi: — Ha, bumi, arzimagan bir gap. Rasmiyatchilik. Davlatning mehnat intizomi haqidagi qonuni bor, azizim. Unga barchamiz boʻysunamiz.
— Men Angliyaga ish bilan ketgan edim, ammamning toʻyiga emas. Oʻz hisobimdan...
— Xabarim bor. Ammo oʻz hisobingizdan olgan ta’tilingiz sakkiz kun oldin tugagan. Lekin, azizim, siz tashvishlanmang. Bu bir rasmiyatchilik. Siz menga tushuntirish xati yozib bering. Sizni ishsiz qoldirmaymiz. Faqat mudirlikda emas... ilmiy xodim boʻlib ishlab tura turasiz. Mudirlikka odam tayinlab qoʻyuvdim. Akademiya ham tasdiqlagan.

Habib Sattorov uning gaplarini eshita turib «Tupurdim sening marhamatingga! Men Moskvagami, Angliyagami ketib ishlashim ham mumkin. Ammo sen shu shilta yeringdan bir qarich jila olmaysan!» demoqchi boʻldi-yu, tilini tiydi. Joy talashib, past ketishni istamadi. Buyruqni koʻra solib, bostirib kirishining zaiflik alomati boʻlganini fahmlab, oʻzini oʻzi koyidi. «Shu badbaxtning huzuridan boshimni egib chiqsam, bir umrli sharmandalik boʻladi», degan fikrga kelib, qaddini gʻoz tutdi.

Uning bir oz jim qolganini Sohib Poʻlatov oʻzicha tushunib, qoʻli baland kelganiga ishongan holda gapini davom ettirdi:
— Yana ham men sizni hurmat qilaman, azizim, Sizday olimlar koʻchada qalashib yotgani yoʻq. Ba’zi oʻrtoqlar buni tushunishmaydi. Hatto partbiletni stolga qoʻysin, deydiganlar ham topildi. Men ularga qat'iy qarshi chiqdim.
— Bekor qilibsiz, — dedi Habib Sattorov istehzo bilan kulib.
— Nega bekor boʻlarkan? Men kadrlarni qadrlashni bilaman. Siz esa men haqimda notoʻgʻri fikrlarda yurasiz. Partbilet, azizim, siyosiy masala. Siyosiy masala esa — hazil gap emas! Uchib ketishingiz hech gap emas!
— Baribir bekor qilibsiz. Men partbiletni stolga qoʻymasdim, — Habib Sattorov shunday deb mugʻombirlarcha kuldi-da, yana qoʻshib qoʻydi: — ikki dunyoda ham qoʻymasdim.
— Siz... katta ketyapsiz. Siz ularni bilmaysiz. Ular shundayki... qoʻyishga majbur boʻlardingiz baribir.
— Qoʻymasdim, — dedi Habib Sattorov oʻjarlik bilan.
— Nega?
— Chunki menda partbiletning oʻzi yoʻq. Partiyasizman.

Sohib Poʻlatov joyida bir qimirlab oldi.
— Boʻlar ish boʻlibdi, — dedi Habib Sattorov gʻolib odamning ovozi bilan. — Oʻzim ham «Boʻshasammikin», deb yuruvdim. Buyruq uchun rahmat. Endi men kompyuterimni olib ketsam.
— Qanaqa kompyuter?
— Bilmaysizmi? Nahotki? Buyuk Britaniya qirollik akademiyasi Habib Sattorovga beshta kompyuter sovgʻa qilgan edi. Bittasi shaxsan oʻzimga sovgʻa, qirolichaning dastxati ham bor. Bilishimcha, kompyuterning uchtasi Moskvada qolgan. Ikkitasi shu yerda. Mayli, men faqat dastxat bitilganini olay. Bittasi institutda qolsin.
—E, yoʻq, azizim, — Sohib Poʻlatov shunday deb jilmaydi. — Sizga berolmaymiz uni. Bular institutning mulki. Siz esa bizda ishlamaysiz. Sizga faqat bir yaxshilik qilishim mumkin: istagan paytingizda kelib foydalanishga ijozat etaman.

Shunisi ortiqcha boʻldi. Habib Sattorov shunisiga chiday olmasdan chapanichasiga soʻkib yubordi. Shu soʻkish bahonasida har ikki tomon aytadiganini aytib, yuragini gʻuborday bosib turgan alamlardan forigʻ boʻldi. Gʻazab toshlari tugagach, Sohib Poʻlatov:
— Akademik Xolidiy domla ukangni jinni, devdilar. Toʻgʻri aytgan ekanlar. Oʻzi urugʻlaringda bor ekan jinnilik, — deb bahsga yakun yasadi.

Habib Sattorov bu yakunga qarshi bir gap aytmadi. Sohib Poʻlatovning fikrini ma’qullaganidan emas, aksincha, aytilgan gapning naqadar tuban, naqadar puch ekani sababli unga javob qaytarishni lozim topmadi. U oʻz koʻnglida sukut saqlab, harifidan baland keldi, gʻoliblik shohsupasini egalladi. Sohib Poʻlatov esa soʻnggi gapi bilan uni «tamoman majaqlab tashlaganiga» amin edi.

Habib Sattorov koʻchaga chiqib bir oz yurgach, toʻxtadi. «Yana bir-ikki ogʻiz gapni aytsam boʻlar ekan», degan fikrda afsuslandi. Soʻng «Shu odamga gap ta’sir qilarmidi», degan fikr bilan oʻzini oʻzi ovutdi. Agar uning yonida Sobitxonga oʻxshash ilm sohiblaridan biri boʻlganida, ayni bir haqiqatni aytib, koʻngliga taskin berardi. Afsus shuki, yonida bunday aqli rasolardan yoʻq. Yana bir afsus shuki, oʻzi shu yoshga yetib ahli donishlar suhbatiga intilmadi. Xudo bergan aql xazinasini karra jadvaldan tortib, turli formulalar bilan toʻldirdi. Agar ruhoniy ilmga ozginagina joy bergandami edi «As-sinatuhum ahla minal asal va qulubahum qulubuz-ziaab»[1] — hadisi sharifining neni anglatishini bilgan boʻlardi. Sohib Poʻlatovning qiliqlarini shunda tushunib yetardi. Boʻri qoʻyxonaga oralasa, bir necha jonivorni boʻgʻizlaydi. Holbuki, bittagina qoʻyni olib ketadi. Sohib Poʻlatov ham shunday. U hozircha Habib Sattorovni ishdan boʻshatdi. Hali shogirdlar, tarafdorlar... turishibdi. Habib Sattorov hozircha bu haqda oʻylamaydi...

U avtobus bekatiga qadar boʻlgan yarim chaqirimlik yoʻlda xayolini hozirgi noxushliklardan tozalamoqchi boʻldi. Bu — uning hamishalik odati. Biron nohaqlikka duch kelsa, koʻngli gʻashlansa, janjalli holatda oʻzini tutib, hatto buni uzoq oʻylamay, xayolidan chiqarishga harakat qiladi. Buning uchun u koʻngliga huzur baxsh etuvchi yaxshi damlarni eslab, koʻz oldiga keltiradi. Hozir ham shunday qildi. Angliyadagi dorilfununda kechgan mas'ud damlarini, ma’ruzalaridan keyingi olqishlarni, qirolicha huzuridagi qabulni esladi. Esladi-da, «Men kim-u, u kim? Ertaga ishdan olinsa, tuflab tashlagan tupugimga arzimaydi», deb oʻziga-oʻzi tasalli berdi. Sohib Poʻlatovlarning ertaga ham, indinga ham ishdan olinmasliklarini esa, oʻylab koʻrmadi.

Bolaligi oʻtgan uyga kelgandan keyingina hamkasblarining nima sababdan ta’ziya bildirganlarini angladi. Shum xabarni eshitib, bir oz garangsidi. Onasining figʻonli yigʻisi yuragini oʻrtab yubordi. Mashoyixlar «Otamlatsang otamlatgin, boʻtamlatmagin», deb bejiz aytmaganlar. Farzandi dardida ezilib-ezilib yigʻlayotgan onaning dardini yana qanday dard bilan qiyoslash mumkin? Bundan ulugʻroq dard yoʻqdir... Ehtimol... Yana kim biladi... Risolat kampirning aytib yigʻlashiga agar togʻ qoyalari tushunishsa, alamdan balki tars-tars yorilib ketarmi edilar. Ajab yeri shundaki, Habib Sattorov onasining yigʻisidan oʻrtandi... Ammo... oʻzi yigʻlamadi. Yigʻi kelmadi. Bundan oʻzi ham ajablandi. Keyin oʻzidan-oʻzi nafratlandi.

Onasi bir oz yupangach, koʻcha eshik ogʻzida hassaga tayangan Sobitxon koʻrinib, «Opoqi!» deb chaqirdi. Risolat kampir uni ovozidan tanib, oʻrnidan turdi-da, uy ostonasiga bordi:
— Keling, Qori bolam, kelavering, — dedi u yigʻlamsiragan ovozda.

Habib Sattorov hovliga chiqib mehmonni kutib oldi. Risolat kampir Sobitxon bilan yigʻlab koʻrishdi.

Sobitxon koʻrpachaga oʻtirishga qiynalgani sababli, stulga choʻkdi-da, shirali ovozda tilovat qildi. Fotihadan soʻng Risolat kampir odati boʻyicha «Xudoning irodasi shu ekan-da», deb qoʻydi. Sobitxon «Onajon, bu Xudoning irodasi emas, Xudo bandalariga jonlaringga qasd qilinglar deb buyurmagan. Jonga qasd qilish — shayton irodasiga boʻysunishdir. Afsuslar boʻlsinkim, birodarimiz shayton qavmida ketibdilar», demoqchi boʻldi-yu, ilmdan bexabar bu ayolning alamli yarasiga tuz sepmay, deb tilini tiydi.
— Qoʻqondan keliboq shu shumxabarni eshitdim. Olloh sizga sabr bersin. Barchalarimizni oʻzi hidoyat yoʻliga boshlasin, — dedi Sobitxon.
— Yurishingiz sal bejoroqqa oʻxshaydi. Hali ham yaxshi tuzalib ketmadingizmi? — deb soʻradi Risolat kampir mehribonlik bilan.
— Shunisiga shukr. Doʻxtirlar yurolmaydi, deb bashorat qilishuvdi. Ularning emas, Ollohning aytgani boʻlyapti.

Sobitxon uzoq oʻtira olmas edi. Shu sababli kampirdan ijozat soʻrab, oʻrnidan turdi. Habib Sattorov uni kuzatib qoʻydi. Iziga qaytayotganida oshxonadan chiqayotgan kelini — Xonzodaga toʻqnash keldi. Xonzoda qayin ogʻasiga salom berib koʻrishib, oshxonaga kirganicha endi chiqib kelayotgani edi. Habib Sattorov keliniga bir qaradi-yu, uning bir necha oy orasida bir necha yilga qariganini sezdi. Turmush ikir-chikirlariga uncha e’tibor bermaydigan bu olim keyingi oʻtgan oylar kelini uchun naqadar mashaqqat boʻlganini bilmaydi. Xonzodaning kechalari toʻkkan koʻzyoshlari jamlansami, dengiz boʻlmaganda ham koʻl boʻlar.

Bevaning, ayniqsa, tirnoqqa zor bevaning zorli, gʻamli ohlariga tun qanday chidar ekan, zaminu samo qanday chidar ekan? Yerning ohlari toʻplanib, soʻng vulqon kabi portlasa kerak. Beva faryod qila olsa edi, bu faryodlar jamlansa edi... Vulqon nima ekan, Yer koinotdagi yoʻlidan adasharmi edi... Lekin Habib Sattorov bularni his qila olmaydi. Xonzodaning otasinikiga ketishini yo koʻzi ojiz qaynonasini boqib shu yerda oʻtiraverishini bilmay garangsishi ham unga begona. Agar Habib Sattorovga birov «Idda oʻtibdi, endi keliningiz boshqa turmush qurishi kerak», desa hayratlanishi turgan gap.

Kelinining ma’yus boqishini koʻrgan Habib Sattorov unga nimadir deyishi lozimligini sezdi. Ammo oʻsha «nimadir» kallasiga kela qolmadi, tiliga tusha qolmadi. Avvaliga ukasining soʻnggi kunlarini soʻramoqchi edi, lekin «Yarasini tirnamay, vaqti bilan aytar», degan oʻyda fikridan qaytdi. U ayni damda yo uydagi, yo ishxonadagi ahvoldan soʻz ochishi mumkin edi. Birinchisi oʻziga ma’qul kelmagach:
— Institutda nima gaplar oʻzi? — deb soʻradi.

Bu savol Xonzodaga gʻalati tuyuldi. Qaynogʻasidan tasalli kutgan bu beva unga yer ostidan yashirincha bir qarab qoʻydi-da:
— Tinchlik, — dedi xasta ovozda.
— Tinchlik boʻlsa yaxshi... — dedi Habib Sattorov, soʻng keliniga sinovchan boqib qoʻshib qoʻydi: — Direktorlaring ham tinchmi? Boshqalarga... gʻalamislik qilmayaptimi?

Xonzoda «Institutga boribsiz, bilgandirsiz?» degandek savol nazari bilan bir qarab olib, yerga tikildi:
— Kayfiyatlari yomonroqmikin... Bir majlis boʻluvdi..

«Majlis» degan soʻzni eshitib Habib Sattorov sergaklandi:
— Xoʻsh, xoʻsh, xoʻsh, davom eting-chi, nima gap boʻldi oʻsha majlisda?
— Majlisda... sizning chet ellardagi ishlaringizni gapirishdi. Xullas... aytishdiki... siz...
— Tortinmay gapiravering, nima deyishdi?
— Siz... kapitalizmga xizmat qilibsiz.
— Oʻ, shunday deyishdimi? Bagʻoyat goʻzal aytilibdi. Kapitalizmga xizmat qilish... — Habib Sattorov shunaqa degach peshonasiga asta shapatilab qoʻydi. — Voy, xomkallalar, voy xomkallalar! Axir bu fan, siyosat emas! Fan kapitalizmga ham, sotsializmgayu boshqa «izm»lariga ham xizmat qilmaydi. Fan — fanligicha, olim esa olimligicha qoladi. Siyosatdonlar yo u «izm»ga, yo bu «izm»ga boʻysinadi. Ikkita-uchta «izm»ni oʻylab topib, dunyoni boʻlib hammani garang qilishadi. Fan olami bunday «izm»larga boʻlinmagan, boʻlinmaydi ham! U qovoq kallalar qachon tushunib yetishadi buni?!

Xonzoda qaynogʻasining gaplariga tushunmaganday qarab turaverdi. Bu gaplarni keliniga aytishning foydasi yoʻqligiga aqli yetgan Habib Sattorov kaftlarini bir-biriga urib qoʻydi-da:
— Ha, mayli, qoʻyavering. Ular itga oʻxshab huraverishadi, — dedi. — Nima boʻlsa boʻldi! Kunimiz shunday toʻnkalarga qolganidan keyin nima qilardik.

Xonzoda qaynogʻasi bilan gaplashib turishdan iymanib, orqasiga asta tislandi. Buni sezgan Habib Sattorov ham eshik ogʻzidan oʻzini chetroqqa oldi.
— Hali institutga boruvdim... Ovsiningiz menga bu xabarni aytmovdi-da, — deb oʻzini oqladi. — Yangilikdan xabarlaring bormi?
— Qaysi yangilik?
— Meni ishdan boʻshatishibdi-ku?
— Eshitdik. Akademiyaga xat yozdik.
— Bekor qilibsizlar. Ertagayoq xatni qaytarib olinglar. Uning odati ma’lum, xatga kim qoʻl qoʻygan boʻlsa, bitta-bitta boʻshatadi. Men... aslida oʻzim ariza yozmoqchi edim. Biratoʻla Moskvaga ketaman. Bu yerdagi nohaqliklar jonimga tegdi.
— Maskovda... — dedi oʻychan tarzda Xonzoda. — Maskovda haqiqat bor deb oʻylaysizmi?

«Maskovda haqiqat bor deb oʻylaysizmi?..»

Xasta, oʻychan tarzda emas, Anvarning kinoyali ovozida aytilganday boʻldi bu gap.

«Maskovda haqiqat bor deb oʻylaysizmi?»

«...haqiqat bor deb oʻylaysizmi?»

«...oʻylaysizmi?..»

Oshxona ichkarisida xasta ovozda aytilgan bu gap Habib Sattorovning nazarida butun mahallani zirillatguday boʻlib jarangladi, aks-sado berdi.

Soʻnggi uchrashuvlarida Anvar shunday deb edi.
— Maskovda haqiqat bor deb oʻylaysizmi?
— Menga haqiqat emas, ilmiy ish uchun sharoit kerak.
— Haqiqat yoʻq yerda sharoit ham boʻlmaydi. Domlangiz boshingizni silagani bilan «qora-quralar nasibamizni yeb ketyapti», deydiganlar koʻp u yerda...»

Qiziq, yoʻl ustida aytilgan gapni oʻshandayoq unutgan edi. Kelini esga soldi... Unda Anvar bilan picha bahslashgan edi, nasihat ham qilib edi. Endi keliniga nima desin?

Bu gap a’zoi badaniga titroq yubordi. Keliniga norozi qiyofada qaradi-da:
— Siz oyim bilan oʻtira turing, men Anvarning xonasiga kiray, — deb uy tomon yurdi. Anvar uchun ham darsxona, ham mehmonxona vazifasini oʻtagan uyga qadam bosib kirib, oʻrtada toʻxtadi. Oʻzining kuyovlik onlari kechgan bu uy deyarli oʻzgarishsiz. Faqat... ranglar unniqqan. Qaysi bir yili chakka oʻtganidan shiftdagi fanerning ayrim joylari tirishgan. Uyni qaytadan boʻyoqdan chiqarishga Anvarda qunt ham, toqat ham, muhimi — mablagʻ ham yoʻq edi.

«Oʻzim qarab tursam boʻlarkan», deb oʻyladi Habib Sattorov.

Qaysi bir yili onasi «Ukangning topish-tutishida baraka yoʻq, sen qarashib tur», deganda «Ukam yosh bola emas. Harakat qilsin. Har kim oʻz aravasini oʻzi tortishi kerak», deb uni ranjitgan edi. Mana endi afsuslanib turibdi. Endi bu afsusdan ne foyda? «Hayitgacha uyini moylatib beraman», deb ham oʻyladi. Endi uyning moyi yangilandi nima-yu, yangilanmadi nima? Hayitgacha Anvar tirilib kelib oʻtirarmidi? Yo Xonzodaga kerakmi? U erining yili oʻtguncha oʻtirar, keyin ketar... Keyin Habib Sattorovning oʻzi koʻchib kelar...

Bir oyogʻi singani tufayli kanop bilan bogʻlab qoʻyilgan, deraza tokchasiga qadalib turgan stol hozirgina hovliga chiqqan egasini kutayotganday mungʻayib koʻrindi. Xonzodaning kelinligida tortiq etilgan bu stol mehmonlar uchun ham, dars uchun ham xizmat qilardi. Dam oʻrtaga sudralib, dam deraza tomonga qoʻyilaverib oyogʻi singan bu stolning «tabibi» Anvar oʻlimidan uch kun oldin «vaqtincha» bogʻlab qoʻygan edi.

Stol ustida uch-toʻrt kitob, taxlam qogʻoz, bir necha turli qalinlikdagi daftar turardi. Anvar soʻnggi marta bu uydan chiqqanida bular sochilgan holda edi. Keyin... Xonzoda titroq qoʻllari bilan batartib holga keltirdi.

Stol ustida qalam yotibdi... xuddi hozirgina ishdan horib yonboshlaganday... Yoki yetim qolganidan boʻzlab, bagʻrini yerga berib yotganday. Shunisi toʻgʻridir... qalam yetim... kitob-daftarlar yetim, siniq oyogʻi kanop bilan bogʻlangan stol, hatto uy yetim... Faqat yetim bola yoʻq. Otani sogʻinuvchi, «voy otam»lab yigʻlaguvchi farzand yoʻq.

Xayoliga shu fikr kelganda koʻzlariga yosh quyildi. Bagʻri kuyib yigʻladi. Nima uchun yigʻladi? Ukasidan zuryod qolmaganidanmi? Yoki oʻzining yolgʻizligidanmi? Oʻz ta’biri bilan aytganda, «ahmoq boʻlsa ham» ukasi bor edi. Endi... koʻzi ojiz onasi, xotini, ikki qizi... «Moskvaga yoki Angliyaga borib ishlayman», dedi. Oʻzi-ku, borib kelar. Onasiga kim qaraydi? Xotinimi? Qaynona-kelin munosabati aniq-ku?

Ha... u oʻzining qismatiga ham yigʻladi. U olimligini unutib, odam ekanini esladi.

Shunisiga ham shukr...

Habib Sattorov unsiz yigʻlagan holida bir oz turgach, stol yonidagi stulga oʻtirdi. Bir necha daqiqa harakatsiz oʻtirdi. Kitob-daftarlariga qoʻl tekkizishga botinmadi. Kitob-daftarlar qoʻl tegishi bilan «Voy, egam!»lab dod soladiganday tuyuldi. Bir oz harakatsiz oʻtirgach, qoʻliga qalamni oldi. Qalamning badanida tishlarning izi...

Xayolga berilib, beixtiyor qalamni tishlagan holda nimalarni oʻyladi ekan? Balki oʻzini qachon, qaerda, qanday osishni oʻylagandir?

Shu fikr xayoliga urilishi bilan, qoʻli titrab, qalamni joyiga tashladi. Soʻng daftarni olib, varaqladi. Ayrim satrlariga koʻz tashladi. Anvar husnixat egasi emasdi. Ayrim satrlari oʻlayotgan odamning kardiogrammasini eslatardi: dastlabki harflarni oʻqish mumkin edi, satr oxirida harf degani toʻgʻri chiziqqa aylanardi.

Habib Sattorovga bu daftar ilmiy ishning qoralamasi kabi tuyulib, ayrim satrlar diqqatini tortdi. Birinchi sinf bolasiday hij oʻqiy boshladi:

«...Bir xalq oʻz ixtiyori bilan boshqa xalqqa qanday qilib qoʻshilsin? Xoʻp, nomuhtaram, noakademik, nojanob, balki bu dunyoda sizning ahmoq kallangiz bilan fikr yuritadigan galvarslarga ergashib kattaroq yoki kichikroq xalqlar qoʻshilar. Lekin qanday qilib bir millat oʻz ixtiyori bilan boshqa millatga qoʻshilsin? Bu holda qoʻshilguvchida or-nomus boʻlarmi? Millat — bir dinga mansublikmi? Bir millat oʻz ixtiyori bilan boshqa millatga qoʻshilibdimi, demak u oʻz dinidan, oʻz imonidan, vijdonidan yuz oʻgiribdi. Alqissa: «Oʻrta Osiyo Rossiyaga oʻz ixtiyori bilan qoʻshildi», degan gap oʻrta osiyolik musulmon dinidan chiqib nasroniylikni qabul etdi, degani emasmi? Shu yolgʻonni chinga aylantirib berayotganlari uchun valine’matlaridan mukofotlar oladilar. Biroq, tentakona bu gapga kim ishonadi, kimlarni ishontirmoqchi boʻlishadi. Omilarnimi? Omilarga bari bir — kim non bersa, kayfini xushlasa oʻshanga qulluq qilaveradi. Qornini toʻygʻazib qoʻyib, qamchilasa ham gʻing demaydi. Bunaqa omi odam nima — mol nima — farqsiz. Ammo... (Ammo!) ongli odamlar koʻp-ku? Ularni chalgʻitish mumkinmi?

Odamning oʻng yelkasida Rahmon farishtasi, chap yelkasida Shayton bolasi turadi, deyishadi. Balki shundaydir. Lekin mening nazarimda (buning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini Sobitxondan soʻrab olishim kerak!!!) odam oʻngga qarasa haqiqatni, chapga qarasa — aldovni koʻradi. Odam oʻng tomoniga boshini bursa, yuziga shapaloq (balki mushtdir, Xudo ularga insof bersin) bilan uradilar. Chap tomonga bursa, peshonasini silaydilar. Uning koʻzi ajoyib narsalarga, «imtiyozlar» deb ataluvchi bu dunyo jannatiga tushib rohat topadi...»

Fikr shu yerga yetganida satrlar uzilib, arab harflarida bir nimalar yozib qoʻyilgan edi. Agar Habib Sattorov arab alifbosini bilgandami, beadad ulugʻ hikmatni oʻqir edi. Daftardagi:

«Izo, kaanam turobu dalila qovmin, Sayahdihum ila arzil jiyafi»[2] degan arabiy baytning Sohib Poʻlatovga ham tegishli ekanini anglardi.

Habib Sattorov daftarni yana varaqlab «jinnixona» degan soʻzga koʻzi tushib jumla boshini izladi.

«...Meni jinnixonga keltirishdi. Na izzat, na-da ikrom, na poyondoz, na-da gullar bor. Obroʻ ham shunchalar boʻlar-da. Ishonchim komilki, agar Nortojiev (ya’ni Gorbachev) jinnixonaga yotqizilsa, bundan ortiq obroʻ ololmaydi. Demak, men obroʻ jihatdan Nortojiev bilan tengman. Oramizdagi farqimiz, u — professional, men esa kelajagi porloq havaskor jinniman! Qanday yaxshi! Kelajagi yoʻq yosh olim boʻlgan durustmi yoki kelajagi porloq yosh jinni a’loroqmi? Albatta keyingisi — muddaoning oʻzi! Darvoza tepasiga «Lenin biz bilan», deb yozib qoʻyishibdi. Endi «Butun dunyo jinnilari, birlashingiz!» deb yozdiramiz. Qiziq... jinnilar nima uchun birlashishmas ekan? Balki birlashishgandir?.. Ha, birlashganlar! Faqat ularga «jinni» degan unvon berilmagan. Ular — aqlli jinnilar. Biz esa... men esa... ahmoq jinniman. Yoʻq, ular jinnilarmi? Men jinnixonadaman. Demak, men ularning mehmoniman. Bunisi qoyil! Lekin... bir kunmas bir kun, biz havaskor jinnilar ham birlashamiz. Soʻng... Xoʻsh, soʻngra nima qilamiz? Ha, eng avvali oʻzimizni «Aqlli jinni» deb e’lon qilamiz. Keyin erkakni xotin, xotinni esa erkak deymiz. «Falonchining eri tugʻdi» yoki «Falonchining eri bolasini emizmayotgan emish...» yoki «Falonchining eri boshqadan ikkiqat emish». Zoʻr-a! Bolalar-chi? Tugʻilgan bolalarni «buvasi», «buvisi» deymiz... Qarabsizki, qiyomat! Eng qiyomati — televizorning hamma kanallarida faqat «Oʻzbekfilm» tomoshalarini koʻrsatamiz. Qarabmizki, ertalab nahorga bosmachi, nonushtaga bosmachi, tushlikka ham, kechlikka ham. Zahartang qilib yoki uyqusi qochib tursa ham — «Oʻzbekfilm»...

Shu yerga kelganda Habib Sattorovning toqati toq boʻlib daftarni yopdi-da, nari surdi.

«Maynavozchilik! — deb oʻyladi u. — Umrini shunaqa maynavozchilik bilan oʻtkazdi. Jinnixonaga ham maynavozchiligi tufayli tushgan. Oʻsha yerda yotib ham shu qiligʻini qoʻymagan. Hayotga shunaqa yengil qaragan. Yengil qaragani uchun ham hayotdan osongina keta qoldi. Uning yashashdan maqsadi yoʻq edi. Hamma fojia shunda!»

Hayotni oddiy odam sifatida emas, olim dunyoqarashi bilan tushunuvchi Habib Sattorovning ukasi haqidagi fikri shunday edi.

«Yengil qaragani uchun ham hayotdan osongina keta qoldi...»

Vo ajab! Oʻzini osdi, degani hayotdan osongina ketdi, degani emas-ku? Toʻgʻri, bir necha nafasda jon chiqadi. Lekin boʻyniga sirtmoq solguncha qiynalmaydimi? Sirtmoqqacha boʻlgan soatlar, kunlar, oylar, balki yillar azobini kim hisob-kitob qiladi?

«Uning yashashdan maqsadi yoʻq edi...»

Naqadar xato fikr! Anvarning maqsadi unikidan ulugʻroq edi. Habib Sattorov bu olamda «Vatan ozodligi, hurligi» degan tushuncha mavjudligini oʻylab ham koʻrmagan. Shu sababli ham hurlik xususida satrlar bitilgan stolga tirsagini tiragan holda oʻtirib, ukasini nojoʻya aybladi.

XIII bob

1

Asadbek keyingi paytlarda puxta oʻylamay turib qarorlar qabul qilayotgan boʻlsa-da, Chuvrindi uning holatini bilgani uchun qarshilik bildirmadi. «Gʻilayni olib, Maskovga joʻna», deganida «Oʻsha yoqqa borish shartmi? Agar shart boʻlsa, keyinroq borilsa-chi», deb e’tiroz bildirishga ogʻiz juftladi-yu, hojasini gʻazabga solmaslik uchun tilini tiydi. Asadbekka boʻysinib yoʻlga otlandi.

Ular safarga «deputatlar xonasi» orqali chiqishardi. Bu gal ham odat kanda boʻlmadi. Xona bekasi Chuvrindini yaxshi tanirdi. Aniqroq aytilsa, bu goʻzal juvonning xona bekasi boʻlishida uning xizmati bor edi. Xona bekasi ularni qarshilab, uchoq bir oz kechikishini aytdi-da, qahvaxonaga boshladi.

Chuvrindi qahvaxonada Orzubekni koʻrib quvondi.
— Birga uchamiz shekilli? — dedi Chuvrindi u bilan koʻrishgach.
— Agar Moskvaga boʻlsa, birga uchamiz. «Vatanimiz yuragi»ga, — dedi Orzubek keyingi soʻzlarga kinoya ohangi berib.

Ikkita qahva keltirgan bekachaga Gʻilay aroq buyurgan edi, Chuvrindi «Maskovga borib kelguncha chidaysan», deb jerkib berdi. Gʻilay bundan arazladimi yo tor xonada oʻtirib siqildimi, chekib olish bahonasida tashqariga chiqdi.
— Bu ham oʻzlaringizdanmi? — deb soʻradi Orzubek.— Koʻrinishidan jallodga oʻxshaydi.
— Jallodlik uning ikkinchi iste’dodi, — deb kuldi Chuvrindi.
— Moskvaga malaka oshirishga olib ketyapsizmi yo Butunittifoq yosh jallodlarining koʻrik konkursi bormi? — Orzubek shunday deb kuldi. Uning kayfiyati yaxshi edi, shu sababli hazilini davom ettirdi: — Shunaqa oʻtkazilsa yaxshi boʻlarkan. Mana, eshiting-a: «Allo, biz kallakesarlarni izlayapmiz!» Oradan bir oy oʻtgach bu yerda yangi koʻrsatuv paydo boʻladi: «Marhabo, kallakesarlar!»

Chuvrindi deputatning begʻaraz hazilidan kuldi. Aslida bu hazil emas, potos bogʻlagan pichinglardan biri edi. Doimo qovoq uyub yuruvchi deputatdan hazil gapning chiqishi shimolda lola undirish kabi edi. Uning hazilini yon-atrofidagilargina tushunishi mumkin edi. Chuvrindi uning qiliqlarini yaxshi bilgani uchun ham kulib qoʻya qoldi.
— Mahmudbek, koʻrinmay ketdingiz? — dedi Orzubek jiddiylik bilan.
— Yuribmiz, aka, tirikchilik.

Orzubek undan «Oʻzingiz ham koʻrinmaysiz», degan lutf kutdi, bunday savolni eshitmagach, oʻzi muddaoga yaqinlashdi:
— Men ham yoʻqlamay qoʻydim, — dedi hamsuhbatiga sinovchan tikilib. — Bek akangiz «qorasini oʻchirsin», degan boʻlsalar kerak, a?
— Yoʻq, unday emas, bilasiz-ku...
— Bilaman. Oʻsha oxirgi uchrashuvda sizlar meni notoʻgʻri tushundinglar. Meni amalparast deb oʻyladinglar. Mahmud, aqalli siz ham meni tushunmadingiz-a? Axir men mansabparast emas, millatparastman! Men millatim uchun jonimni tikkanman. Menda millatim uchun jondan boshqa hech narsa yoʻq. Molim ham, kuchim ham yoʻq. Kuch, boylik sizlarda bor. Men sizlarda ham millat tuygʻusi, hurriyat tuygʻusi uygʻonsa edi, deb umid qiluvdim. Sizda shunday tuygʻuning uchqunini koʻrgandim. Afsus, adashibman.
— Adashmagansiz. Millat uchun biz ham jon berishimiz mumkin, — Chuvrindi shunday deyishga dedi-yu, gap ohangidagi soxtalikni sezib, oʻngʻaysizlandi.

Deputat bu gapni eshitib, boshini egdi. Qahvadan bir-ikki hoʻpladi.
— Mahmudbek, odam boshqalarni aldagan taqdirda ham oʻzini oʻzi aldamasligi kerak. Men endi tushunib yetyapman. Odamni oʻttiz-qirq yoshida Vatanni sevishga oʻrgatish mumkin emas ekan. Agar odamning oʻzida zoʻr istak boʻlsa oʻrganar-u, ammo bu tuygʻuni mukammal deyish mumkinmas. Vatan tuygʻusi ona suti bilan singishi kerak ekan. Xafa boʻlmang-u, sizlarda ona suti bilan boshqa tuygʻu kirgan.

Bu gap Chuvrindining hamiyatiga tegdi. Oʻz onasini, bolasiga koʻkrak sutini bermagan onasini eslab, gʻazablandi. Qoʻlidagi piyolani stol ustiga jahl bilan «taq» etib qoʻydi-da:
— Onalarimizni tinch qoʻying, — dedi zarda bilan.
— Meni avf eting, Mahmudbek. Men ramziy ma’noda gapirdim.
— Ramziy ma’noda ham gapirmang!
— Xoʻp-xoʻp, — dedi deputat tobelik bilan.
— Vatanning boshiga bir ish tushsa bilinadi, siz avval jon berasizmi yo boshqalarmi? Sizga oʻxshagan gapdonlarni yaxshi bilamiz. Qoʻlingizga qurol berib, «Vatanni himoya qil», desa, «Hozir vaqtim yoʻq, majlisga kirib chiqay», deb cichqonning inini ijaraga olasiz.
— Siz qaysi Vatanni nazarda tutyapsiz? Sovet Ittifoqinimi? Men esa Vatan deganda faqat Oʻzbekistonni tushunaman. Oʻzbekiston ozod boʻlsa bas! Uning ozodlik kunini koʻrsam — armonim yoʻq. Oʻzbekiston ozod boʻlsin, men uning koʻchalarini supurib yursam ham mayli. Men amalga intilmayman. Sizlardan iltimos qilishimning sababi — oʻsha amal hozirgi ishimiz uchun zarur edi. Boltiq boʻyidagi davlatlarda millatparvarlar hukumatga kiryaptilar. Bizda esa haliyam Moskvaga qarab chapak chaladiganlar oʻtiribdi. Qarab turasiz, erta-indin Boltiq boʻyidagi uchchala davlat ajralib chiqadi. Biz oʻtiraveramiz ammamning buzogʻiga oʻxshab.
— Shuni tushuntiribroq aytsangiz boʻlardi-ku?
— Gapirtirishga qoʻydimi, Bek akangiz? Yana nuqul «juhud xotiningiz» deydi. Qayoqdan olgan bu gapni, hayronman. Aytib qoʻying unga, xotinim, Xudoga shukr, muslima!

«Bu gaplar suyak-suyagini zirillatib yuborgan ekan-da, — deb oʻyladi Chuvrindi. — Xotini juhudmi, oʻzbekmi oʻzim ham bilmayman. Bek akam balki boshqa birov bilan adashtirib aytib yuborgandirlar».
— Orzubek aka, siz ulugʻ odamsiz, — deb gap boshladi u.
— Piching qilmang, iltimos.
— Piching emas, rost gap bu, — dedi Chuvrindi samimiy tarzda. — Siz ulugʻ odamsiz. Ulugʻ odam mayda-chuyda gapga oʻralashmasligi kerak. Oʻshanda bek akamning kayfiyatlari chatoq edi. Xotiningizni emas, oʻzingizni ham «juhud» deb yuborishlari mumkin edi. E’tibor bermang u gaplarga. Biz sizni hurmat qilamiz. Toʻgʻri, biz millat uchun sizday jon kuydira olmaymiz. Lekin «millat» deydiganlarni boshimizda koʻtarib yuramiz. Biz ham tirik jonmiz, bizda ham dard bordir.

Uchoqqa chiqishga ijozat berilgani haqidagi xabar aytilganiga qadar ham Orzubek va Chuvrindi shu xildagi gaplarni gapirib oʻtirishdi. Uchoqda ham bu mavzu davom etdi. Orzubek «shu odamlar tushunsa yaxshi edi», degan fikrda gapirardi. Chuvrindi uning gaplarini aqlan yaxshi tushunardi. Ammo yurakdan his qila olmasdi. Chunki uning qalbi mol-dunyo degan pardaga oʻralgan, tuygʻu koʻzlariga tilla eritib quyilgan edi.

2

Ular Moskvada xayrlashdilar.

Moskvaga kelgan ikki oʻzbek ikki tashvish, ikki dard bilan ajralishdi...

Xongireyning idorasini uch soat deganda topishdi. Gʻilay Shomil bu yerga bir marta kelgan, lekin qaysi koʻchalardan yurganini eslay olmadi.
— Kayf bor edi, — dedi u oʻzini oqlab, — yuzta quyib bersangiz, moment topaman. Mastlikda kelgan joyni mastlikda topish kerak.
— Bekor aytibsan, bir tomchi ham ichmaysan.
— Qizil maydondan oʻtgandan keyin bir jononning haykali bor edi.

Gʻilayning bu gapi Chuvrindiga kulgili bir sinemani eslatib, ichida kuldi-da:
— Chaykovskiymi? — deb soʻradi.
— Familiyasi esda yoʻq, — dedi Gʻilay.

Chuvrindi bu gapni eshitib baralla kulib yubordi. Soʻng Gʻilaydan ish chiqmasligini anglab, tanishlariga qoʻngʻiroq qilib aniqlashtirdi.

Xongireyning qarorgohi koʻp qavatli uyning uchinchi qavatiga joylashgan edi. Eshik tepasidagi telekamerani koʻrib Chuvrindi oʻzicha «Zoʻr-ku!» deb qoʻydi. Qoʻngʻiroq tugmasini bosishi bilan eshik oʻz-oʻzidan ochildi. Chuvrindi shundagina eshikda tutqich yoʻqligiga ahamiyat berdi. Eshik ochilishi bilan toʻrda oʻtirgan militsiya zobiti kiyimidagi barvasta yigitga koʻzlari tushib, joylarida qotdilar.
— Kiraver, zemlyak, qoʻrqma, — dedi zobit kavkazcha sheva bilan.

Ular ostona hatlashlari bilan eshik yopildi. Yon xonadan bir yigit chiqib ularni ichkariga boshladi. Yana uch xonani oralab oʻtishgach, Xongireyga roʻpara boʻldilar.
— Kel, oʻzbek qardoshim, kel, mening aziz qoʻnogʻim boʻl, qalbing huzurli oʻlsun, — dedi u oʻrnidan turib.

Chuvrindining nazarida Xongirey soxta lutf koʻrgazayotgandi. Chunki Xongireyni dastlab koʻrganida u butkul oʻzgacha vajohatda edi. Mehmonxonada, Asadbek huzurida u kavkazliklarga xos qoʻpol, takabbur bir odamni koʻrgan edi. Chuvrindi Xongireyga baho berishda yanglishdi. Chunki avval koʻrganida Xongirey mehmon, hozir esa mezbon martabasida edi. Bu idora Xongireyning uyiday gap. Chechenlar esa uylariga kelgan har qanday mehmonni izzat qiladilar, unga lutf koʻrsatadilar.

Ular oʻtirishgach, qaldirgʻoch moʻylovli xushsurat yigit choy keltirdi. Bir-ikki hoʻplam choy ichganlaridan soʻng Xongirey tilga kirdi:
— Xoʻsh, Asad qardoshim nechukdir? Avval koʻrganimda xasta edi. Sogʻ-omonmi?

Xongirey «xasta edi», degan soʻzlarga urgʻu berib, ahvoldan xabardor ekaniga ishora qildi.
— Sizga salom dedilar, yaxshilar, — dedi Chuvrindi.
— Sogʻ boʻlsin, qardoshim. Xoʻsh, meni nima uchun qidirdilaring?
— Qidirganimizning boisi... — Chuvrindi uning oʻtkir nigohlariga dosh berolmay koʻzlarini pastga qadab oldi. — Bir odamingiz Hosilni izlab borgan ekan. Bilganlarimizni oʻzingizga aytgani atayin keldik.
— Nima, mening odamimga ishonmadilaringmi? — dedi Xongirey bir oz dagʻal ohangda.
— Ishonishga ishonamiz. Lekin boʻlgan voqeani oʻzingiz eshitsangiz yaxshi boʻladi. Vositachiga aytilgan gaplarga yo bitta soʻz qoʻshilishi yoki tushib qolishi mumkin.
— U vositachi emas, u — vakil! — dedi Xongirey.
— Ha, albatta, sizning vakilingiz, — deb xatosini tuzatdi Chuvrindi.
— Qani ayt-chi, Asadning vositachisi, nima boʻldi?
— Hosilni noma’lum odamlar oʻgʻirlashgan.
— Oʻgʻirlashgan? — ajablandi Xongirey. — Shunday odamni oʻgʻirlash mumkin ekanmi?
— Mana bu kishi — Hosilning eng yaqin odami. Ular shaharda ketishayotganda ikkita mashina siqib toʻxtatgan. Odamlar Hosilni tushirib olib ketishgan.
— Tushunarli, demak, noma’lum odamlar. Hosil lapashang esa qarshilik ham koʻrsata olmagan.
— Ular guvohnoma koʻrsatishibdi.
— Qanaqa guvohnoma? — Xongirey shunday deb Gʻilayga oʻqrayib qaradi.
— «KGB»niki, — dedi Gʻilay.
— «Qaysi «KGB?» — dedi Xongirey undan nigohini uzmay.
— Qaysiligini bilmayman. «KGB» deganini eshitdim.
— Familiyasini-chi, eshitmadingmi? «Andropov» emas ekanmi? — deb kesatdi Xongirey.

Bu pichingni fahmlash uchun Gʻilayda farosat yetmas edi. Shu sababli familiyani eslamoqchi boʻlganday goʻyo oʻylandi-da:
— Familiyasi esimda yoʻq, — dedi aybdor odam ovozida.
— Sen yaqin odami emassan! — dedi Xongirey keskin ohangda.
— Xudo ursin, bolaligidan yonidaman. Bir marta kelganman bu yerga. Sizga tilla haykalcha olib kelganmiz. Men koʻchada edim, sizni koʻrmaganman.
— Bekor aytibsan, gʻilay! Menga hech kim tilla haykalcha olib kelmagan. Sen Hosilning odami emassan, sen qoʻshmachisan.
— Nega ishonmaysiz? — dedi zorlanib Gʻilay. Uning koʻngli ish yomonlik tomon burilayotganini sezib, gʻashlandi.
— Ikkita sababi bor: birinchisi — ahmoq odam Hosilning yaqin odami boʻlolmaydi; ikkinchisi — sen uni himoya qilmagansan!

Shu yerda Xongirey yanglishdi. Hosil atrofiga koʻproq ahmoqlarni toʻplagandi. Oʻziga bino qoʻygani uchun ham «Menga aql soʻqadiganlar kerak emas», derdi.
— Imkoniyat boʻlmadi, — dedi Gʻilay koʻzlarini pirpiratib.

Gʻilay Shomil biror kimsani siquvga olganida uning koʻzlarini pirpiratib, yalinishini xushlardi. Koʻzlarning pirpirashi, yoshlanishi ba’zan samara berar, ba’zan esa pirpirab-pirpirab charchab, manguga berkilardi. Ana shunday odamning koʻzlari hozir oʻzi sezmagan holda pirpirardi... Qarshisidagi odamniki esa aksincha, quvvat manbaidan uzib qoʻyilgan robot singari qotgan, hatto kiprik ham qoqmas edi.
— Xoʻjayinni saqlab qolish uchun imkonni senga kim berishi kerak edi. Tur oʻrningdan, choy ichishdan avval aft-basharani yuvish kerak.

Gʻilay «nima qildik?» deganday Chuvrindiga qaradi. Undan «Tur, deganidan keyin tur», degan ishora boʻlgach, amrga boʻysindi.

Dam oʻtmay narigi xonada nimadir taraqladi, soʻng kimdir ixrandi, keyin kimdir gursillab yiqildi.

Xongirey indamay oʻtirdi. Chuvrindi esa nima voqea yuz berganini taxminan chamalab, sabr bilan kutdi. Narigi xonadagilar tinchigach, choy keltirgan yigit koʻrindi-da:
— Vannaxonada oyogʻi sirgʻanib yiqilib tushdi. Hammasi joyida, yuvinyapti, — deb xoʻjayiniga axborot berdi.
— Ha, — dedi Xongirey Chuvrindiga sinovchan tikilib. — Bizning vannaxonalar sirgʻanchiq. Bilib oyoq tashlamasang, mayib boʻlishing hech gapmas.

Xongirey ma’noli ohangda shunday deb jim boʻldi. Ammo nigohini Chuvrindidan uzmadi. Chuvrindi oʻzini yoʻqotmadi. Nigohini yashirishga urinmadi.
— Demak, Hosilni oʻgʻirlashdimi? — dedi nihoyat Xongirey.
— Ha, oʻgʻirlashibdi.
— Xoʻp, men bunga ishondim, deylik. Xoʻp, senlar meni ahmoq qildilaring ham deylik. Xoʻsh, senlar bundan nimani yutasanlar?
— Biz sizni ahmoq qilmoqchi emasmiz. Hosilning yoʻqolishidan bizga manfaat ham yoʻq. Uning mol-mulkiga koʻz tikkan emasmiz. Biz oʻz-oʻzimizcha ishlar edik. Bir-birimizga sira halaqit bermaganmiz, aksincha, koʻmaklashardik. Hosil Bek akamning shogirdlaridan hisoblanardi.
— Ha... yaxshi — shogird, yaxshi — ustoz, — deb Xongirey stolni chertib qoʻydi. — Bilib qoʻy: senlar bitta xato qildilaring: bu yerga kelmasliklaring kerak edi. Senlar meni ishontirmoqchi boʻlyapsanlarmi? Oʻq ilon aqlini yoʻqotib qoʻyibdi. Yo sen laqmalar uni yoʻldan uryapsanlarmi? Men uning kasalini bilaman. Lekin oʻlgunicha nima qilmoqchi? Maqsadi nima? Ayt, sendan soʻrayapman?
— Bilmayman, — dedi Chuvrindi.
— Sen... bilmaysanmi?
— Keyingi paytda, kasallarini bilib, gʻalati boʻlib qolganlar. Maqsadlari aniq emas.
— Hosilni oʻldirmadimi?
— Yoʻq. Nega Bek akamdan gumonsirayapsiz?
— Men gumonsiramayman... Men har bir narsani aniq bilaman. Agar laqma boʻlsam, oʻrisning poytaxtida hukm surmas edim. Men senlarda nimalar boʻlib turganini bilib turaman. Men Kremldan ham sezgirroqman, kallangga tugib ol. Sen Asadning maqsadidan bexabar ekansan. Bunga, men laqma, ishondim. Shuni hisobiga endi ayt: Kozlov qaerda?
— Kozlov? — Chuvrindi yelkasini qisdi. — Biz uni Krasnoyarda koʻrgan edik. Shundan beri daragi yoʻq.
— Qiziq... «daragi yoʻq», degin? Daragi yoʻq odamga vagonda musallas yubordilaringmi?
— Yubordik, — deb tan oldi Chuvrindi.
— Men, aloqa qilmalaring, deb ogohlantirsam ham yubordilaringmi?
— Shartnoma avvalroq boʻlgan edi.
— Oʻsha shartnomangga, — Xongirey bu yogʻiga chechenchalab nimadir dedi. Chuvrindi uning nimani nazarda tutganini oʻzicha taxmin qildi.
— Xoʻsh, — deb davom etdi Xongirey ruschalab. — Shuncha molni yuborishga yuborib qoʻyib, uning taqdiri bilan qiziqmadilaringmi?
— Qiziqyapmiz.
— Xoʻsh?
— Mol qoʻlga tushgan. Mol yuborganlarni Moskva prokuraturasidan odamlar borib qamashgan.
— Bilganing shumi?
— Ha.
— Unda kallangga mixlab ol, Asadga ham borib ayt: bu mening ishim edi. Prokuraturadan borganlar menga tegishli odamlar. Agar istasam avra-astarlaringni agʻdarib tashlayman. Agar istasam, hammang Butirkada[3] chiriysan, agar marhamat qilsam, ularni ertagayoq chaqirtirib olaman. Xoʻsh, qaysi biri ma’qul?
— Sizga marhamatli boʻlish yarashadi, — dedi Chuvrindi jilmayib.
— Ayyor ekansan. Sen ayt: oʻzingga qaysi biri ma’qul?
— Uchinchisi. Hamma ishning tinch yoʻl bilan hal boʻlgani durust. Chunki biz, hammamiz bir olamning odamlarimiz.
— Ha... chiroyli gapirding. Ammo sen «Biz hammamiz jinoyat olamining odamlarimiz», deb nazarda tutding, shunday emasmi? Axir hamma bizni jinoyatchi deb hisoblaydi-ku?
— Umuman olganda shunga yaqinroq, — deb tan oldi Chuvrindi.
— Senlarning kaltabinliklaring ham shunda. «Biz bir dunyoning odamlarimiz» — qaysi ma’noda, bilasanmi?
— Siz ayting.
— Biz hammamiz musulmonmiz. Bir qavmdanmiz. Biz bir ota-onaning farzandlarimiz. Anovi qizil devor ortidagilarning ota-bobolari bizlarning yurtlarimizni oyoqosti qilishdi, mozorlarimizni bulgʻashdi, qizlarimizni badnom qilishdi. Yana yuz yil, yana ming yil, yana qiyomatga qadar shunday qilishmoqchi. Agar mening bobolarim jannatda boʻlishsa men ularning koʻzlariga koʻrinishdan uyalib, doʻzaxga qochaman. Men oʻch olmasdan yashay olmayman. Biz kichkina xalqmiz. Bularni butunlay yenga olmaymiz. Lekin biz ularni titrab, qoʻrquvda yashashga majbur qilamiz. Bizlarning yurtimizni bosib olgani uchun ular bobolarini la’natlab oʻtishlari kerak! Men agar istasam, ertaga Kremlini portlatib yuborishim mumkin. Lekin bundan menga nima foyda? Muhimi— ularga soʻzimni oʻtkaza olish! Men bunga asta-sekin erishyapman. Buning uchun menga kuch kerak. Buning uchun sen aytgan olamning birlashuvi kerak. Hosil shuning tarafdori edi. Lekin sening xoʻjayining — eshshakday qaysar, buni istamaydi. U ahmoq qizil devor ichidagilarga qulluq qiladi. Men esam ular ustidan hokim boʻlaman, qarab turasan hali. Hosilni senlar yoʻq qildilaring. Lekin men senlarga qarshi urush ochmayman. Chunki senlar oʻzbek qondoshlarimsan. Bilasanmi, men nima uchun oʻzbekni yaxshi koʻraman. Chunki oʻzbekni ustozim yaxshi koʻrardi. Bilasanmi, ustozim kim — Akademik!— Xongirey shunday deb koʻrsatkich barmogʻini faxr bilan havolatdi. — Eshitganmisan?
— Koʻrganman.
— Qaerda?
— Bek akamnikida. «Fargʻonada bir gʻalva boshlanadigan, aralashinglar», deb kelgan ekan.
— Ha, u shunaqa edi. Burnini siyosatga tiqqan edi, oʻldi. Uni men ham asrab qololmadim. Uch harf[4] mendan kuchlilik qildi. Sen ajablanma, «Kremlni portlatishni oʻylagan odam ustozini qutqarib qololmadimi?» dema. Kreml — bugunning ishi emas. Bir kunmas bir kun portlaydi. Mening qoʻlimdan kelmasa, oʻgʻlim, boʻlmasa nevaram qiladi bu ishni.

Xongirey shunday deb sovub qolgan choydan bir hoʻpladi. Tin oldi. Soʻng gapini davom ettirdi:
— Bir paytlar oʻzbeklar chechenlarga joy bergan, non bergan. Zelixon aytgan: kafanligini ham bergan ekan. Shuning hurmatiga senlarga qarshi urush ochmayman. Men katta ishlarga qoʻl urayotganimda yonimda ishonchli hamrohlar boʻlishini istayman. Bilib qoʻy: senlar toʻdakashliklaring bilan menga hamrohlikka yaramaysanlar. Bu ahvolda senlar bir-birlaringni qoʻllamaysan, shuning uchun yigitlaring ham bir-birlariga yelka tutmaydi. Hech boʻlmaganda bir-birlaringni hurmat qilishni bilmaysanlar, kerak boʻlsa, boʻriday gʻajiysanlar. Shuning uchun ham katta kuch boʻla olishlaringga qaramay, mayda kuchlar oldida egilib kun koʻrasanlar. Yana shuni bilib qoʻyki, ahil yashamas ekansanlar, bir kissavurday, bir mayda boqqolday xor boʻlib yuraverasanlar.

Xongirey Chuvrindi uchun kutilmagan gaplarni soʻzlardi. Hozir u butun mamlakatdagi toʻdalarga hukmini oʻtkazishni istaydigan amirga emas, balki talabalarga ma’ruza qilayotgan falsafa muallimiga oʻxshardi. Chuvrindining nazarida Xongirey oʻz fikrlarini bayon qilmas, balki kimdir yozib bergan gaplarni aytardi. Shu sababli uning aytganlari gʻayritabiiy tuyulib, oʻrnida bir qimirlab oldi.
— Nimaga bezovtalanayapsan? — Xongirey shunday deb soʻradi-da, oʻrnidan turib kerishdi. — Sherigingni sogʻinyapsanmi?
— Ha, yuvinishi choʻzilib ketdi.
— Yuvinishimi?.. Hali uzoq choʻziladi. Aniqrogʻi, qiyomatgacha.
— Hozir shartmidi? — dedi Chuvrindi norozi ohangda.
— Hozirmi? Mutlaqo shart emas. Uni oʻldirishdi deb oʻylayapsanmi? Kallang bormi, oʻzi? Idorada, uyda odam oʻldiradimi? Eshitding-ku, yiqilib tushibdi. U endi dam olsin. Sen ham Moskvada uch-toʻrt kun oʻyna. Qachon ketishingni oʻzim aytaman.
— Shomilga rahm qiling. U xoʻjayiniga sodiq edi.
— Bekor aytibsan! Sodiq boʻlsa xoʻjayinini oldirib yurmaydi. Ahmoq boʻlmasa, mening oldimga guvohlikka keladimi? Sen globusni koʻrganmisan?

Mavzuning bu qadar oʻzgarishi boisiga tushunmagan Chuvrindi ajablanganini yashirmay:
— Ha, — dedi.
— Globus bir tomonga ogʻib turibdi, a? Nimaga, bilasanmi? Yer yuzida ahmoqlar koʻpayib ketgan. Yerni toʻgʻrilash uchun ahmoqlarni kamaytirish kerak. Hech boʻlmasa bittasini kamaytirib turaylik. Uning tirik qolganidan senga nima foyda? Hosilga hiyonat qilgan senga yararmidi? Uning masalasi hal. Sen qaytishda bir oʻzing uchasan. Ketguningcha birovga, ayniqsa, Asadga telefon qilma. Biz senga mehmonxonadan joy hozirlab qoʻyganmiz. Hamma narsa tayyor. Hattoki eng zoʻr jonon ham. Koʻchaga chiqmay, maishat qilaverasan. Chiqimi — bizdan.

Chuvrindi huquqshunoslar tili bilan aytilganda «Uy hibsxonasi»ga hukm qilinganini angladi. Xongireyning bundan qanday maqsadni koʻzlaganini esa bilolmay garangsidi.
— Menga boshqa gaping yoʻqmi? — dedi Xongirey uning oʻylanganini koʻrib.
— Bor, — dedi Chuvrindi, xayolini jamlab. — Bir iltimosim bor.
— Ayt.
— Jamshid degan yigit bor...
— Ha, aytmoqchi, Asadning kuyovini otib ketishibdimi? — dedi Xongirey uning gapiga e’tibor ham qilmay.
— Shunaqa boʻldi.
— Kimligini bilmassan?
— Bilmayman.
— Qizi narkomanka emishmi?
— Shunaqa edi, boshlanishida sezib qoldik. Davolanyapti.
— Hosil menga bir qiziq videokasseta berib yuborgan ekan, vaqti kelsa senga koʻrsataman. Ha, Asad nima uchun Jamshidni oʻldirmoqchi edi?
— Buni hech kim bilmaydi. Hatto Jamshidning oʻzi ham bilmaydi. Jamshid oʻgʻlidek qadrdon edi Bek akamga.

Chuvrindi yana yolgʻon soʻzladi. Unga taxminan boʻlsa-da, ma’lum edi. Faqat taxminini bu odamga aytishni istamadi. Sir — koʻp hollarda sirligicha qolgani ma’qul. Chuvrindining aqidasi shunday edi.

Chuvrindi Moskvada besh kun qolib ketdi. Boshqacha aytganda, besh kun «mehmonxona qamogʻida» boʻldi. Xongirey va’dasining ustida turdi — sharoit oliy maqomda yaratildi. Har kuni choyshab, yostiqlar, soqchilar almashtirilgani kabi, jononlar ham oʻzgarib turdi. Bir tomondan Chuvrindining koʻngliga maishat sigʻmagani, ikkinchi tomondan biron marazni yuqtirib ketishdan choʻchib, ularga yaqinlashmadi. Umid bilan kelgan fohishalar divanda yolgʻiz yotib tong ottirdilar. Chuvrindi uzatgan pulni olmay, lablarini burib «He, erkak boʻlmay oʻl», deganday chiqib ketdilar.

Gʻilayning taqdiri Chuvrindiga picha ayon boʻlsa-da, oʻziniki qorongʻi edi. Xongirey uni Butirkada chiritmas-u, ammo oʻris qabristonidagi chirib yotgan birorta murda yoniga joylab qoʻyishi mumkin. Lekin u nimani kutyapti? Chuvrindiga shu tomoni qorongʻi edi.

Holbuki, uning nimani kutayotganini bilish qiyin emas — u vakilining qaytishini kutardi. Shuning qatorida prokuraturadan borganlarning ishi natijasi ham uni qiziqtirayotgan edi. Arina Bergerning hamma yoqni ostin-ustin qilib yuborganini eshitib mamnun boʻldi. SSSR prokuraturasida soʻzi oʻtadigan «koʻp hurmatli oʻrtoq»qa telefon qilib, Bergerni hozircha chaqirib turishni, Kozlov topilgach, ishni qayta boshlashni iltimos qildi.

Xongirey «Men gumon qilmayman, ishonaman», deganida katta ketmagan edi. Uning koʻngli har nima balolarni sezib turardi. Shunday boʻlsa ham gumonini tasdiq etish uchun har bir narsani obdon tekshirtiradi. U Hosilning yoʻqolganini eshitiboq, birinchi Asadbekdan gumonsiradi. Hosilning Asadbekni qarmoqqa ilintirgani haqidagi gaplarini esladi. Xongirey videokassetani tomosha qilgach, Hosilga «Uni hozircha Asadga koʻrsatma», deb tayinlagan edi. «U ahmoq koʻrsatgan. Buni koʻrgan qaysi ota tinch yuradi. Agar Asad tinch yursa, u — hezalak!» — deb oʻyladi.

Vakili qaytib, uning gumoni asosan tasdiqlangach, Chuvrindi qoʻngan mehmonxonaga bordi. Xongirey vakili bilan kirib kelgandan keyingina Chuvrindi uning kimni kutganini angladi.

Xongirey Chuvrindi tomonidan lutf kutmay divanga oʻtirib, oyoqlarini chalishtirdi-da, ayyorona koʻz qisib, kulimsiradi:
— Ustingdan «SK KPSS»ga shikoyat tushibdi, «partiya»dan oʻchirilasan endi.
— Gunohim nima ekan? — dedi Chuvrindi uning yaxshi kayfiyatiga monand jilmayib.
— «Sovet fohishalari»ni nazarga ilmabsan. Sen ulardan irgangansan. Shu ishing bilan meni ranjitding. Xongirey sen oʻylaganday past emas, bilib qoʻy. Ular fohisha boʻlgani bilan «ekologik toza» edi.

Xongireyning ohangida zarda boʻlmagani uchun, Chuvrindi ham asabiylashmay, tavoze bilan javob qildi:
— Ular uchun alohida kelaman. Ayniqsa uchinchi boʻlib kelganini sovgʻa qilsangiz olib ketardim.
— E, yoʻq, qardosh, endi tushingni suvga ayt. Uni «yuqori»dagi oʻzimning odamlarimga ham bermaganman. Shu nomardliging uchun menga yigirma beshta oʻn besh yoshli buzilmaganni berasan.
— Yigirma besh donami yoki yigirma besh ming donami?
— Sen hazillashma, bu boʻyningdagi qarz, unutma! Xoʻp, mening valaqlashishga vaqtim yoʻq. Ishga oʻtaylik. Vakilimning hisobotini eshitasanmi?

Chuvrindi mugʻombirona jilmayib turgan «vakil»ga qarab oldi-da:
— Yoʻq, — dedi.
— Nega? — dedi Xongirey ajablanib.
— Men sizga toʻgʻrisini aytganman.
— Demak, yolgʻon gaplaringdan tonmaysan?
— Yolgʻon gapim yoʻq.
— Unda mana buni eshit.

Xongirey ishora qilgan edi, vakil kaftdek diktofonni chiqarib, tugmani bosdi. Gʻilay Shomilning soʻroqlarga bergan javoblarini, kaltak zarblarini Chuvrindi indamay oʻtirib eshitdi. U endi Gʻilayning iqrorini emas, yana oʻz taqdirini oʻylardi.

Yozuv tugagach, vakil Xongireyning ishorasi bilan chiqib ketdi.
— Gʻilaying yolgʻon gapiryaptimi? — dedi Xongirey unga sinovchan tikilib.

Chuvrindi yelkasini qisib, xotirjam javob berdi:
— Oʻzingiz tunov kuni aytdingiz: u xoʻjayiniga xiyonat qilgan. Nima uchun? Oʻzining joni oʻziga shirin koʻringan. Shunday odam joni qiynalganda nimalarni valdiramaydi.
— Durust, aqling joyida, qardoshim.

Xongirey shunday deb jilmayib qoʻydi. «Kayfiyati yaxshi shekilli, jahli chiqmayapti, yo boshqa gap bormi?» deb oʻyladi Chuvrindi. Shuncha tekshirib, hamma haqiqatning tagiga yetgan odamdan marhamat kutish — fohishadan hayo kutish ila barobar boʻlsa-da, Chuvrindi uning marhamatiga asos boʻlguvchi bir nima borligini his qilib turar edi. Osmonni bulut qoplashidan murod — yogʻin yogʻmogʻi boʻlgani kabi Xongireyning chehrasida marhamat nuri koʻringanidan murod ne ekani bir necha nafaslik sukutdan soʻng aniq boʻldi.
— Doktorlar Asadga necha oy umr va’da qilishdi?

Xongireyning bu savoli Chuvrindi uchun kutilmagan boʻldi. Shu sababli qoshlarini bir oz chimirgan holda javob qildi:
— Buni Xudo biladi.
— Bunaqa kasalni doktor ham biladi. Axir u oʻladi-ku, toʻgʻrimi?
— Hammamiz oʻlamiz.
— Lekin uniki — naqdroq. Biz e-he, yashayverib, zerikib ketsak ham kerak.

Xongirey xuddi taqdir yozugʻini oʻqiy olgan odamday katta gapirdi. Toʻgʻri, uning yoshida oʻlim haqligi kam oʻylanadi. Ammo shu yoshda, hatto undan kamroq umr koʻrib oʻtganlar mavjudligi esa xayolga kelmaydi. Chuvrindi «Hammamiz oʻlamiz», deganida yaqin bir-ikki oyni yoki yilni emas, aql bovar qilmas uzoq davrni nazarda tutgan edi. Shunday boʻlsa-da, Xongireyning katta ketishi gʻashini keltirdi.
— Xoʻp, masalaga boshqa tomondan qaraylik, — dedi Xongirey moʻylabini oliftanamo silab qoʻyib. — Hosil ketdi, orada yoʻq. Uning mulki ham senlarning qoʻllaringda. Hozir Asad bor. U oʻlganidan keyin nima qilmoqchisanlar? Bilishimcha, Asadning ikkita qanoti bor ekan. Bittasi sen, ikkinchisi... — Xongirey ismini eslamoqchi boʻlib oʻylandi. — Ha, Gaydarmidi?
— Haydar aka, — deb tuzatdi Chuvrindi.
— Xoʻsh, mulkni qanday boʻlishasanlar?
— Bizda odam tirikligida mulki boʻlinmaydi.
— Sen chiroyli gaplaringni yigʻishtir. Men senlarni bilaman. «Menga oʻlja kerakmas», deb noz qilib turasanlar-u, payt kelganda tashlanasanlar. Oʻgʻil bola gapni ayt: Asadning oʻrnini egallashni xohlamaysanmi?
— Mendan yoshi kattalar bor.
— Shunday deysan-u, yuragingning bir chekkasida ozgina boʻlsa ham istak choʻgʻi bor. Bilib qoʻy: bu choʻgʻ seni tinch qoʻymaydi. Baribir yondiradi. Bu — birinchidan. Ikkinchidan: yoshi katta boʻlishning nima nafi bor? Men uchun katta yoshdagi ahmoqdan, kichikroq yoshdagi aqlli odam muhim. Gap shu: Asadning oʻrnini sen egallashing kerak.
— Buni men hal qilmayman.
— Toʻgʻri aytding, buni sen emas, men hal qilaman!

Bu hukm Chuvrindiga malol keldi. Qoshi uchdi. Oʻrnidan bir qoʻzgʻolib oldi, soʻng ogʻir turdi. Uning vajohatidagi oʻzgarishni sezgan Xongirey «Mamatbey!» deb chaqirdi. Shu nafasning oʻzidayoq eshik ochilib, vakil kirib keldi. Dahlizda yana ikki yigit koʻrindi. Xongirey unga:
— Choy olib kelmaysanmi? — deb baqirdi-da, Chuvrindiga sinovchan qarab oldi. — Qardoshim, yo viski ichasanmi?
— Hech narsa ichmayman, — dedi Chuvrindi norozi kayfiyatini yashirmay. Shu onda u Orzubekning hurlik haqidagi gaplarini esladi. «U xomxayolmi yo men ahmoqmanmi, — deb oʻyladi. — SSSRning changalidan yulqinib chiqmoqchi. SSSR degani faqat KPSS degani emasligini, mana bunaqa xoʻjayinlar ham borligini biladimi? Biz birgina Hosilni yoʻqotdik. Hosilga oʻxshaganlar yuz mingmi yoki millionmi? Deputat shularni biladimi? KPSS degani-ku, chiriy-chiriy deb turibdi. Lekin mana bu kuchayyapti. U nima qilmoqchi. «SSSRdan ajralib chiqsalaring ham senlar menga boʻysunasanlar» demoqchimi? Maskovga odam sifatida kelib, qoʻgʻirchoqqa aylanib qaytamanmi? Bek aka... koʻp yanglish ishlar qilyaptilar. Bu yerga kelish kerakmas edi...»
— Ha, qardosh, gapim yoqmadi, shekilli? — dedi Xongirey ham oʻrnidan turib.
— Gapingiz emas, maqsadingiz yoqmay turibdi.
— Nega? Oʻzing bosh boʻlsang yomonmi?
— Buni nazarda tutayotganim yoʻq. Agar toʻgʻri tushungan boʻlsam, siz bizni qulga aylantirmoqchisiz.
— E, qardosh, men bunday deganim yoʻq.
— Lekin shuning isi kelib turibdi. Siz bugun mening bosh boʻlishimni istadingiz. Ertaga boshqasini xohlaysiz. Biz u tomonda qoʻgʻirchoqlarmiz, oʻynatadigan iplar esa bu yerda, sizning qoʻlingizda. Qoʻgʻirchoqmi, qulmi — nima farqi bor?
— Oʻ, qardosh, sen faylasuf ekansan. Qoʻy, bu gaplaringni.
— Bu falsafa emas, bu haqiqat! — dedi Chuvrindi haqoratlangan odamning ovozida. — Avvalgi kuni, idorangizda bizni ancha masalalarda aybladingiz. Mehmoningiz edim, chidab eshitdim. Bizni oʻzbek (!) deydilar. Mayli, qaysilarimiz noahildirmiz, boshqadirmiz, lekin oʻzbekmiz, «oʻz»imizga «bek»miz. Qullikni hazm qila olmaymiz.
— Qardoshim, sen xafa boʻlma, oʻsha kuni men seni haqorat qilganim yoʻq. Kamchiliklaringni aytdim.
— Agar men chechenlarning kamchiligini aytsam, sizga yoqadimi?
— Qani, ayt-chi?
— Yoqmaydi, — dedi Chuvrindi fikrini davom ettirib. — Hech kimga yoqmaydi. Men oʻzbekman, shu bilan gʻururlanaman. Oʻzbeklarni barcha kamu koʻstlari bilan yaxshi koʻraman. Jon berish lozim boʻlsa, faqat oʻzbek uchun jon beraman. Oʻzbek boʻlib tugʻildim, oʻzbek boʻlib oʻlaman. Qullikdan hazar qiluvchi xalqning farzandi siz aytgan shartga koʻnolmaydi.
— Chiroyli gapirding, oʻzbek qardosh, lekin senlar xalta koʻchaga qamalgansanlar. Oldilaringda ham, orqalaringda ham yoʻl yoʻq. Hosilni oʻldirib katta xato qildilaring. Hosilga otgan oʻqlaring oʻzlaringga qaytishi kerak. Hosil oʻlgan kuni senlar ham oʻlgansanlar. Lekin men senlarga urush ochmayman. Senlarni oʻldirmayman. Sababini aytganman, esingda, a?
— Esimda, — dedi Chuvrindi e’tiborsizlik bilan.
— Senga Jamshidni beraman. Mamatbeyni beraman. Ular senga ikki qanot. Gaydarni oʻzingdan chetlat, ammo uzoqlashtirma. Har bir harakati koʻzostingda boʻlsin. U bir kissavur. Katta ishlardan uzoqda tursin.
— U — mening ustozim.
— Bu endi oʻtmish. Mening gapim tamom. Bugun bir qanotingni olib yurtingga uch. Ha, aytmoqchi, Kozlovning oilasi senlarnikiga panoh izlab ketibdi.Yaxshi, panohingga olaver. Ularning qaerdaligini faqat oʻzing bil. Asad ham, Gaydar ham bilmasin. Kozlovning oilasi uchun boshing bilan javob berasan. Kozlovni qoʻlga olganimizdan keyin ularni nima qilsang qil, ixtiyor oʻzingda. Tushunyapsanmi, ixtiyor oʻzingda. Sen — qul emassan, qardoshim!

Xongirey shunday deb yon choʻntagidan uchoq pattasini chiqardi-da, stol ustiga tashladi.
— Bugun kechasi uchasan, — deb xayrlashgach, chiqib ketdi.

Chuvrindi uyga qaytgunicha ham boʻlib oʻtgan suhbatlar magʻzini chaqishga harakat qilib, «Qanoti bor har qanday maxluq ham erkin hamda baland parvoz qila olmaydi», degan haqiqatga ishondi.

XIV bob

1

Oftobsiz rangpar kun. Umrini yashab qoʻygan yaproqlarga xazon nuqsi urgan.

Asadbek Chuvrindi ketganidan beri uydan chiqqisi kelmaydi. Kesakpolvon ham shu yerda. Oshnasining kundan-kun soʻlib borayotganini koʻrib eziladi. Ammo oshnasi soʻlib tamom boʻlganidan soʻng egallaydigan taxti koʻz oldiga kelganda esa yuragi shoshadi.

Kasallik xususida soʻz ochishga bir necha marta ogʻiz juftladi. Ammo Jalilning «Sen indama, oʻzim gaplashaman», degan amriga amal qildi. Jalil esa ikki marta kelib, boshqa gaplarni valdirab-valdirab ketaverdi. Kesakpolvon nigohi bilan imlab «ayting», deb ishora qilsa ham asosiy gapdan boʻyin tovlayverdi. Kesakpolvon Jalilning ahvolini tushunmadi. «Kasalingni mendan nima uchun yashirding?» deyish Jalilga qiyin emas. Shu bahonada gʻijillashib olish ham uni tashvishga solmaydi. Uning tashvishi boshqa — Asadbekning qaysarligi tutsa, «Tabibingni pishirib ye!» deb turib olishi mumkin. Jalil qishloqqa borib kelgunicha ham, keyingi kunlar ham oʻsha badjahl tabib haqida soʻrab-surishtirdi. Kimki uni bilsa yoki u haqda eshitgan boʻlsa bir xil javob beradi: bu dunyoda oʻlim-ning ilojini qila oladigan tabib boʻlsa, faqat oʻsha. Lekin... hammani ham boqavermaydi...

Kesakpolvon nonushtaga yangi xabar bilan keldi.
— Prokuror bolani chiqarishibdi. Ish toʻxtaydiganga oʻxshaydi, degan gap bor. Sharif ham chiqib qolar balki, — dedi Kesakpolvon kosadagi qaymoqqa non ushatib.
— Ishni nega toʻxtatar ekan? Vajohati yomon, devdilaring-ku?
— Vajohatidan it ham hurkardi. Lekin Maskovdan bir xabar kelibdi, shekilli. Prokuraturadagi bolalar aniq bilishmaydi.
— Sharifga ehtiyot boʻllaring. Chiqsa, biron yoqqa dam olishga joʻnat. Mahmuddan yana darak boʻlmadi, a? Bunaqa odati yoʻq edi. Xavotirlanyapman.
— Xavotir olma. U mening maktabimda oʻqigan. Tegirmonga tushsa omon chiqadi.
— Aslida oʻzim borsam boʻlarkan. Fe’li yomon u chechen zangʻarning.
— Sen shu safar bir past ketding. Zoʻr bilan zoʻrchasiga gaplashish kerak. Buncha qoʻrqasan undan? Zoʻr boʻlsa zoʻrligini koʻrsatsin, yuborsin zoʻrlarini! Biz ham hezalak emasdirmiz, erkakchasiga gaplashish qoʻlimizdan kelar. Yo erkakligimizning boshqacha isboti ham kerakmi?!
— Oliftagarchilik qilma. U senga Hosil emas. Hosil ahmoq bola emas edi. Kimga suyanishni bilgan. Agar murosa qilmasak, koʻp bolalar qiriladi. Men oʻzimdan qoʻrqmayman. Bir boshga — bir oʻlim. Yigitlar bekorga uvol boʻlib ketadi.
— Bek, sen qimorboz eding. Yo chikka, yo pukka! Dangalchiliging qayoqda qoldi. Men-ku, mayli, mayda kissavurdan chiqqanman.
— Dangalchilikni zamon koʻtarmaydi.
— Sen charchagansan. Duch kelganni it boʻlib qopyapsan. Bi-ir dam olsang yaxshi boʻlardi. Oʻgʻillaringning toʻyiga borsang yuragingning chigillari bi-ir yozilardi. Ha, aytmoqchi, toʻy hali ham aniq boʻlmabdimi? Tezroq borib kela qolmaysanmi?

Kesakpolvon shunday deb ayyorona boqdi. Asadbek undan nigohini olib qochdi. Gap xastalikka borib taqalishi mumkinligini sezib, javob bermadi.

Ular nonushtani boshlashga ulgurishmay, boloxonadagi yigitlardan biri eshikni qiya ochib:
— Samatoxun aka keldilar. Zarur gaplari bor ekan, — dedi.

Bu xabarni eshitib, Kesakpolvon bezovtalandi. Hojasiga bir qarab olib «keyinroq kelsin», demoqchi edi, Asadbek:
— Kirsin, — deb ijozat berdi. Soʻngra Kesakpolvondan soʻradi: — Toʻyi qachon edi, esdan chiqibdi?
— Mening ham aniq esimda yoʻq. Bugun-erta shekilli?
— Xayoldan koʻtarilgani chakki boʻlibdi. Har qalay, eski qadrdonlardan.

Bashang kiyingan, oʻzidan farangi atrini taratayotgan Samatoxun kirib, ularning suhbati uzildi. Samatoxun deganlarining doʻkoni Asadbekning homiyligida. Shaharning gavjum joyida joylashgan bu doʻkon mudiri yigirma yilning nari-berisida ularga sariq chaqalik ham xiyonat qilmadi. Oʻz ishini bilib bajargani uchun Asadbek uni hurmat qilardi.

Fotiha oʻqilgach, Samatoxun Kesakpolvonga gʻalati qarab oldi. Kesakpolvon undan koʻzini olib qochib, choy quyib uzatdi.
— Oxun, toʻy harakatlari bilan charchamay yuribsizmi? — deb soʻradi Asadbek mehribonlik bilan.— Muborak boʻlsinga oʻtamiz, deb oʻtolmadik, ranjimang.
— Xafagarchilik yoʻq, aka. Oʻzingiz sogʻayib qoldingizmi? Bizga sizning sogʻligʻingiz kerak. Sizning tovoningizga kiradigan tikan bizning koʻzimizga kirsin. Xudo xohlasa bugun nikoh, borsangiz boshimiz koʻkka yetadi.

Samatoxun «Xudo xohlasa» degan soʻzga boʻlakcha urgʻu berib, yana Kesakpolvonga qaradi. Asadbek undagi oʻzgarishni sezib soʻradi:
— Ha, Oxun, mashqingiz pastroqmi? Nima gap, tinchlikmi?
— Xudo xohlasa, tinchlik, — dedi Samatoxun. — Bek aka, orada bir tashvish chiqib qoldi: oʻgʻlimni oʻgʻirlab ketishibdi.
— Qaysi oʻgʻlingizni?
— Shu... uylanayotgan kuyov bolani...
— Birontadan gumoningiz bormi?
— Gumonim-ku yoʻq. Ammo...
— Chaynalmay aytavering.
— Kecha ZAGS edi. Bir birodarimiz «Mersedes» va’da qilgan edi. «Mersedes» oʻrniga «GAZ-31» yuboribdi. «Qoʻlingdan kelsa va’da bergin-da, erkak» deganday qilib, qattiqroq gap aytuvdim. Shuni ogʻir oldilarmikin? Unday boʻlsa, tavba qildik. «Bu ahmoq tilni chaynab tashla», desalar chaynab tashlay. Ammo oshga zahar tushmasin. Men yomonman, boʻyin egib keldim.

Bu gaplarni eshitib Asadbek Kesakpolvonga qa-radi.
— Menga qarama, mening ishim emas bu, — dedi Kesakpolvon «qoʻrqqan oldin musht koʻtarar» qabilida jerkib.
— «Mersedes»ni toʻgʻrilab bermadingmi?
— Oʻsha kuni buzilib qolgan boʻlsa men nima qilay? Shaharda «Mersedes» ikkita boʻlsa ham boshqa gap edi. Oʻn beshta oq «oʻttiz bir»ni yubordim. Bu akamning hamiyatlariga tegibdi. Oʻsha sassiq gapni oʻzimga aytmaysizmi, tirrancha shoʻpirga aytib nima qilardingiz?
— Tilim qursin, men — ahmoq, tavba qildim, — dedi Samatoxun.
— Oʻgʻli qaerda?
— Ie, men qayoqdan bilay? Men «Mersedes» toʻgʻrilab beraman, deb va’da qilganman, oʻgʻli yoʻqolsa topishning kafilini olmaganman.
— Bir soatning ichida topasan.
— Asad?!
— Boshqa gap yoʻq. Oxun, siz boravering. Bazmga oʻzim bosh boʻlaman.

Samatoxun har ikkovini duo qila-qila chiqib ketgach, Asadbek Kesakpolvonga qahrini sochdi:
— Oʻzimizning odamlarga ham shunaqa qiliq qilasanmi, soʻtak?
— Kimga qanaqa gap aytishni oʻrgansin. Sen bunaqalarni oʻzingga yaqin olib yelkangni tutsang, bular boshingga chiqib, bizga qarab choptirishadi. Izzatini bilsin-da.
— Bir soat vaqting bor.

Kesakpolvon qaymoqqa non boʻktirilgan kosani qoʻliga oldi.
— Oʻn minutda uyida boʻladi. Mening qornim och. Sen boʻgʻilaverma. Sochining kepagi ham toʻkilmagan bolaning.

Asadbek ogʻziga kelganni qaytarmay soʻkdi. Bunaqangi soʻkishlarni eshitaverib beti chandirlashib ketgan Kesakpolvon qaymoqqa boʻktirilgan non burdalarini chapillatib yeb, xoʻrillatib choyini ichaverdi. Asadbek sal hovridan tushgach:
— Bugungi qaymoq bu dunyoniki boʻlmabdi. Olsang-chi, egnimga shim kiyib, hali bunaqasini yemovdim, — dedi.
— Sening chapillatib chaynashingni koʻrsa, itning ham koʻngli ayniydi. Odamga oʻxshab yeyishni qachon oʻrganasan?
— Odam boʻlganimda, — dedi Kesakpolvon ishshayib.
— Sen odam boʻlmaysan.

Shu xildagi gʻazab, kinoya, masxara toshlari aralashiga otilaverdi, bu toshlar temir qoyaga tegib uvalangan kesak holiga tushaverdi. Boloxonadagi yigitlardan biri mastava keltirganda Kesakpolvon kosani yalayotgan edi. U mastavadan bir-ikki qoshiq ichdi-yu, hojasining topshirigʻini bajarish uchun oʻrnidan turdi. U chiqib ketishi bilan uy huvillab qoldi. Asadbekning tomogʻidan ovqat oʻtmadi. U yana oʻzining kirlangan, badbin xayollari bilan yolgʻiz qoldi. Yuragi siqilib, «Ahmoq boʻlsa ham Haydarning oʻtirgani yaxshi edi. Jalilni toptirib kelmasam boʻlmaydi», degan xayolda qoʻngʻiroq tugmasiga qoʻl yuborganida boloxonadagi yigit eshikni ochdi.
— Muhiddin aka degan odam soʻrayapti, — dedi u. — Zarur gapi bor emish.

Asadbek «Muhiddin aka kim boʻldi ekan?» deb oʻylangan damda hovlida Jalilning ovozi eshitildi:
— Toʻgʻri bostirib kiravermaysizmi? Sizday odamning kutib turishi uyat-ku? Bu oshqovoqlarda kalla yoʻq.
— Meni tanimaydi-da bular...

Ovozidan tanidi — Krasnoyardagi ovloq oʻrmonda qaror topgan otasining birodari!

Asadbek oʻrnidan turib, tashqariga yoʻnaldi. Muhiddin otani ayvonda bagʻriga bosdi. Otasi tirilib qaytib kelganday, quchogʻidan boʻshatgisi kelmadi. Hatto koʻziga yosh, boʻgʻziga yigʻi keldi. Yigʻini iziga qaytarmoq maqsadida yutinganida yoʻtali tutdi. Shundan keyingina qariyani bagʻridan boʻshatdi. Muhiddin ota yoʻtalning xunukligidan bosh chayqab, «Hali ham tuzalmabdi-da?» degan ma’noda Jalilga qaradi. Jalil ham koʻz qarash bilan javob qildi: «Shunaqa... oshnamning ahvoli ogʻir».

Ichkari kirib oʻtirishgach, yigitlar qayta dasturxon tuzashdi. Asadbek xos mehmonxonadagi hasham Muhiddin ota ruhini ezib qoʻyishini fahmlab, u yoqqa boshlamadi. Fotihadan soʻng Muhiddin ota:
— Ota yurtimga yoʻlim tushib edi, sizni yoʻqlamay ketolmadim. Poezdim oqshom jilar ekan, ungacha diydoringizga bir toʻyay, — deb kelishdan maqsadini aytdi.
— Hali poezdga patta ham oldingizmi? — dedi Jalil.
— Ha, endi, safar qaridi-da.
— Jalil, xabaring bormi, uch-toʻrt kun poezdlar yurmasmishmi? Temiryoʻlchilar ish tashlashganmishmi?
— Eshitmay boʻladimi? Kechadan beri Maskovdan aytib yotishibdi. Poezd bir oy yurmas ekan.

Hazil aralash bu lutfdan mamnun boʻlgan mehmon minnatdorlik bildirdi.
— Siz qaytganingizdan soʻng oshnangiz keldilar. Rahmatli dadangizning qabrlariga marmartosh qoʻydirmoqchi boʻldilar. Siz aytgan ekansiz. Picha pul ham tashlab ketgan ekansiz. Boʻtam, sizni injitmoq niyatim yoʻq, ammo bu ish durust boʻlmagani bois ijozat bermadim. Ularga tushuntirmoq mumkin boʻlmagani sababli «Toshni oʻzim qoʻydiraman», deb pulni oldim. Mana, — u shunday deb qoʻyin choʻntagidan gazeta qogʻoziga oʻralgan pulni olib, uzatdi. — Hozir kelayotib qurdirayotgan masjidingizni koʻrdim, Olloh sizdan rozi boʻlsin. Bu pulni shu xayrli ishga ishlating.

Asadbek shu maqsadda pul qoldirmoqchi boʻlganda Kozlov «Bitta toshga qurbimiz yetar», deb olmagan edi. Hozir shuni aytib, qariyaning qoʻlini qaytarmoqchi ham boʻldi. Lekin orada uni xijolat qilib qoʻyishi mumkinligi sababli fikridan qaytdi. Uning oʻylanib qolganini koʻrgan Jalil chaqqonlik qilib, Muhiddin otaning qoʻlidan pul oʻramini oldi.
— Juda toʻgʻri qilibsiz, boplabsiz! — dedi u qariyaga dalda berib. — Tosh qoʻyishi nimasi? Islomda yoʻq bunaqasi. Men bolalarimga aytib qoʻydim. «Mabodo oʻlib qolsam tosh-posh qoʻyib yurmalaring», dedim. Xuddi oʻlik chiqib ketmasin deganday tosh bostirib qoʻyishadi-ya! Odam tuproqdan boʻlganidan keyin tuproqqa qorishib yotaveradi-da, toʻgʻrimi, taqsir?

Jalilning «chala mullaligi» tutib, mehmonni gapga soldi. Ayollarning qabristonga borishlari haqida oʻzicha bahs ham yuritdi.
— Mana, siz, ayollar ham ziyorat qilsalar boʻladi, deyapsiz. Axir «Qabristonga borgan ayollarga Ollohning la’nati boʻlsin» degan hadis bor-ku?
— Boʻtam, men Yaratganning ilmi sayoz bir bandasiman, — dedi Muhiddin ota vazmin ohangda. — Shu kunlarda aytilayotgan qaysi bir hadisi sharif sahih, qaysi biri gumonli — mening ojiz fikrim farq eta olmaydi. Siz aytgan hadisi sharifda balki koʻmish marosimiga borish nazarda tutilgandir, vallohi a’lam? Rivoyat qilishlaricha, arab ayollari qabristonga borgunlaricha hamma yoqlarini yulib, qonatib tashlar ekanlar. Yana Olloh biladi, balki shu holat nazarda tutilgandir. Yana bir fikr shuki, qabristonga faqat tahorat bilan kiriladi. Ayollar ba’zan bu holda boʻlmaydilar. Boʻtam, yana bir hadisi sharif borki, unda qabristonni ziyorat qilishga da’vat etiladi. Mozoriston qiyomatni yodga solib turadi, deyiladi. Mazkur hadisi sharifda «faqat erkaklar borsin», deyilmaydi. Mening bilganim shu, boʻtam, yana ulamolardan soʻrab, oʻrganmoq joizdir.

Muhiddin ota Jalil bilan suhbatlasha turib Asadbekka bir-ikki ma’noli qarab oldi. Asadbek bu qarashlardan qariyaning yolgʻiz oʻziga aytmoqchi boʻlgan gapi borligini sezdi. Qarasaki, oshnasining gaplari hali-beri tugamaydigan, shu sababli soʻzini shartta uzdi-da:
— Jalil, ogʻayni, otamga oʻz qoʻling bilan bir palov damlab bergin. Sening oshingni ham yemaganimizga ancha boʻldi, — dedi.

Jalil «Men qachon osh damlagan edim?» degan savol nazari bilan Asadbekka qaradi. Soʻzi bekorga boʻlinmagani, tashqariga chiqib turishi lozimligini anglab, noiloj oʻrnidan turdi.

Jalil chiqib ketgach, Asadbek «Endi bemalol gapiravering», deganday mehmonga qaradi. Muhiddin ota bir ozgina taraddudlanib, soʻng vazminlik bilan soʻz boshladi:
— Bir hafta boʻldimikin, oshnangiz keldi. Bir xavotir bilan boshpana izlab kelgan ekan. Kimlardir izlariga tushibdilar ekan. Kimlar ekanini oʻzingiz bilar ekansiz.

«Kimligini bilaman, Xongirey!» deb oʻyladi Asadbek.
— Uning iziga tushganlar orasida sizda avval xizmat qilgan bir oʻzbek yigiti ham bor ekan.
— Kim ekan? — deb ajablandi Asadbek.
— Ismini aytmadilar. — Mehmon Asadbekning oʻyga tolganini koʻrib, sukut saqladi.

«Kim boʻlishi mumkin? Balki... Hosilning odamlaridandir?..» Asadbek Jamshidning tirikligini, Kozlov izidan tushgan chechen yigitlar qatorida yurgan boʻlishi mumkinligini xayoliga ham keltirmadi.
— Men uni siz koʻrgan kulbamda qoldirib keldim. Oʻn besh kunlik oziq-ovqatini gʻamladim.
— Yaxshi qilibsiz, rahmat sizga.
— Xotini bilan qizchasini Kemerovo orqali bu yoqqa olib keldim. Oʻzi kelishga unamadi. Bu yoqlarda qoʻlga tushsa, sizga yomon boʻlar ekan. Xotini bilan qizchasini Margʻilondagi bir oshnamnikiga qoʻyib keldim. Erta-indin ularni atdan olish kerak.
— Olamiz, — dedi Asadbek oʻychan, — shu bugunoq ishonchli joyga yetkazamiz.
— Boʻtam, sizga aytmoqchi boʻlgan omonat gapim shu. Endi, ijozat etsalar, bir-ikki soʻraydurgon gapimiz ham bor.
— Soʻrang, ota.
— Boʻtam, mening ojiz fikrim balki adashayotgandir. Lekin... sizlarning ishlaringizda bir yovuzlik koʻryapman.

Muhiddin ota «Bu savol bilan yurak yarasini tirnab qoʻymadimmi», degan xavotirda Asadbekka qarab olib, boshini egdi.

Asadbekning ham boshi egik edi. Otasining birodariga, halol-haromning farqiga yaxshi boradigan odamga nima desin? Qanday tushuntirsin? Jahl gʻavgʻosi ila magʻrur, aqldan begona onlarini qanday aytsin? Vujudi vahshat ichra tor-mor boʻlgan odam pokiza insonga kirlangan yuragini koʻrsata olarmi ekan?

Lekin... nimadir deyishi kerak.

Savol berildi.

Javob kutilmoqda.

Asadbek boshini bir ogʻirlik, bir azob bilan koʻtardi.
— Ota, bizning ishimiz nozik. Bir-ikkita kooperativlar ochganmiz. Doʻst bor, dushman bor...
— Dushmanning biri ham xatar, — deb mezbon Asadbekning fikrini quvvatladi.
— Biz ba’zan hukumatni aldashga ham majburmiz. Hukumatning qoidalari chatoq, aldamaslikning iloji yoʻq. «Odamlar qingʻir ish qilsin» deb qingʻir qoidalarni oʻylab chiqaradigan amaldorlar ham bor-da!
— Oshnangizni... hukumat ta’qib qilmadi, deyman?
— Nega bunday deyapsiz?
— Hukumat ta’qib qilsa, oilasiga tegmas, deyman.
— Ha... toʻgʻri anglabsiz. Biz bilan kelisha olmaydigan boshqa kooperativlar bor.

Oraga sukut choʻkdi. Muhiddin ota bir necha nafaslik sukutdan soʻng boshini quyi egganicha, xuddi oʻziga oʻzi gapirayotganday bir bayt oʻqidi:
— Hayotning tarbiyatsizlik toʻfoniga nishon aylab, Chunon majruh oʻlub ruhlar, yuraklar zohidon oʻlmish.

Asadbek baytning mazmunini anglamay qariyaga qarab oldi. Sukut yana davom etib, Asadbek oʻzining bolaligi haqida oz boʻlsa-da aytishi lozimligini bildi. U maktabdagi, koʻchadagi haqoratlarni, bir burda qora nonga zor kunlarni koʻrganini aytmadi. Bu kunlarni koʻrgan birgina u emas edi.
— Onam olamdan oʻtganlaridan keyin... qimorbozlarga aralashib qoldim. Meni oʻsha odamlar tarbiya qilishdi. Uylanganimdan keyin koʻp oʻynamadim. Ustozimning gapiga kirib, tashladim. Qimorbozlarga qozilik qildim. Keyin... kooperativlar ochdik. Men haqimda boʻlar-boʻlmas gaplar koʻp. Men... namoz oʻqimasam ham Xudodan qoʻrqadigan insonman. Oʻlganimdan soʻng doʻzaxda kuyishimni bilaman.
— Xudo saqlasin, gunohlaringizni oʻzi kechirsin. Tavba qiling, boʻtam.

Asadbek koʻkragida alamli faryod bosh koʻtarayotgan edi. Uni boʻgʻish uchun bir necha fursat sukut saqladi.
— Sizni bilmayman-u, ammo men shoʻro hukumatidan butunlay noroziman. Doʻzaxda avval shu hukumat kuyishi kerak edi.
— Durust aytdingiz, boʻtam.
— Ota, maslahat bering. Bolalarim oʻqishni bitirgach, oʻsha yerda qolishini xohlayapman. Bu yerga qaytmasin. Mendan keyin yomon boʻladi...

«Mendan keyin...» Shu ikki soʻz aytilayotganda ovozi titradi. Buni ziyrak qariya sezdi. Uning rang-roʻyiga qarab, «Mendan keyin» yaqin kunlar ichi sodir boʻlishi mumkinligini fahmlab ezildi.

Jalil osh damlashni yigitlarga topshirib, oʻzi boloxonada yigitlarga nasihat qilib oʻtirganida Asadbekning yoʻtalini eshitdi. Yoʻtal bosilavermagach, shoshilib pastga tushdi. Xonaga kirganda Asadbek bukchaygancha yoʻtalar, Muhiddin ota esa uning yelkalarini uqalar edi.
— Doʻxtir chaqiring, boʻtam, — dedi qariya, kirib kelgan Jalilga xavotir bilan qarab.

Asadbekni har kuni yoʻqlab, boqib turuvchi tabib hayallamadi. Ostona hatlab, mijozining ahvoliga koʻzi tushdi-yu, yanada shoshdi. Em ignasi bilan ketma-ket yuborilgan dorilar ta’sir etib, Asadbek bir oz orom olgach, tabib ham yengil xoʻrsinib qoʻydi.
— Kasalxonaga yoting, desam koʻnmayaptilar. Nur berilmasa boʻlmaydi.

Yoʻtal azobidan holdan toygan Asadbek bu gapni eshitib, koʻzini ochdi. Tabibga qarab barmoqlarini qimirlatdi-da, «Sen ketaver», degan ishora qildi. Jalil tabibni kuzatib chiqdi. Tabib xastaning ahvoli ogʻir ekanligini ta’kidlagach, xayrlashib ketdi. Jalil hovlida turib qoldi. Bu orada Muhiddin ota ham hovliga chiqdi-da:
— Uxladilar shekilli, bir oz orom olsinlar, — dedi.

Shunda Jalil oshnasining kasali nima ekani, kasalni hammadan yashirayotgani, oʻzining tabibga borib kelganini aytdi. Asadbekni u yoqqa olib borish muammosidan qiynalayotganini ham bildirdi. Ikkovlon hovlida turganlaricha reja tuzdilar. Rejaga koʻra ular Asadbekning kasalidan bexabar holda, «yoʻtalni tuzatadigan» tabibga borib kelishga da’vat etadigan boʻldilar. Tabibning oʻjarligini bilgan Muhiddin ota ham birga borishga istak bildirdi.

Asadbek dorining kuchi bilan peshinga qadar uxladi. U uygʻongach, rejani amalga oshirish boshlandi. Muhiddin otaning birga borajagini bilgach, Asadbek koʻndi.

Qishloqqa yaqinlashganlarida yoʻl chetidagi «Zaporojets»ga koʻzlari tushib, toʻxtadilar. Reja boʻyicha Kesakpolvon bu yoqqa odam yuborib, eskiroq mashina tayyorlab qoʻyishi, ular qishloqqa shu arobada kirib borishlari lozim edi. Ish reja asosida boʻldi.

Qishning sovuq nafasi sezilib tursa-da, yerning iliq bagʻri kechasi yoqqan qorni eritib yuborgan, toshloq yoʻldan yurish bir oz qiyinlashgan edi. Urinib qolgan «Zaporojets» kuchanib boʻlsa-da, manzilga eson-omon yetib keldi.

Abdurahmon tabibning darvozasi ochiq, loyda qolgan iz yaqin orada bu hovlidan uch gʻildirakli traktor chiqqanidan ogoh qilib turardi. Darvozaga yetishganda Muhiddin ota «Men chaqiray», dedi-da, ostona hatladi. Ikki oshna beriroqda toʻxtab, kutishdi. Oʻlim bilan yuzma-yuz boʻlgach, takabburligi chekingan Asadbek misoli yuvosh bolaga aylangan edi.

Qariya hovli tomon uch-toʻrt qadam bosib:
— Mulla Abdurahmon aka! — deb chaqirdi. Javob boʻlmagach, yana ikki karra, endi ovozini balandlatib chaqirdi. Shundan keyin ovoz berilib, dam oʻtmay Abdurahmon tabibning oʻzi koʻrindi. Muhiddin ota qiroat bilan salom berdi. Shunga yarasha tabib ham:
— Vaalaykum assalom va rahmatullohi va barakotuhu, — deb alik oldi-da, quchoq ochib koʻrishdi. Ular qadrdonlarday yuzlarini yuzlariga qoʻyib koʻrishdilar. Islom odobini, xususan, bu olamdagi odamlar bir-birlariga birodar ekanliklarini bilmagan, tushunmaganlar bu holatdan ajablanishlari tabiiy.
— Yoʻlimiz shu tomonga tushib edi, siz muhtaram zotni ziyorat qilmasdan oʻtib ketmoqni ayb deb bildik, — dedi Muhiddin ota.
— Xoʻb ajab ish qilibsiz, inim. Xonadonimga rizq beruvchi Tangrim mehmon yuborgan ekan, oʻziga shukr qilaman. Qani, marhamat qilsinlar.
— Taqsirim, mening birodarlarim ham bor.
— Chaqiring ularni, qadamlariga hasanot. Tortinmay chaqiravering, uyimiz keng, uy torlik qilsa, Xudo xohlasa bagʻrimiz kengdir.

Muhiddin ota bu muruvvat uchun minnatdorlik bildirib, hamrohlarini chaqirdi. Haydovchi kirishga unamay, choyxonada boʻlajagini bildirib, arobasini burdi.

Gilam toʻshalgan katta xonada tezlikda dasturxon tuzaldi. Non sindirilib, «oling, oling» boshlangunga qadar deyarli gap-soʻz boʻlmadi hisob. Abdurahmon tabib mehmonlarga zimdan qarab chiqdi. Nazari bir necha soniya Asadbekda toʻxtab, uning xastaligini fahmladi. Zotan, uning xastaligini tabib boʻlmagan odam ham biluvi mumkin edi. Mehmonlarning kelishlaridan maqsadi kasal boqtirish ekanini sezsa-da, tabib «Kelinglar, xizmat» demadi. Shu paytgacha biron oʻzbek mehmonga «nima uchun uyimga kelding» demagani holda pok-nopokni durust ayira oluvchi, oʻziga imon yoʻlini ma’qul deb tanigan Abdurahmon tabib aytarmidi.

Jalil ham, Asadbek ham suhbatga deyarli aralashmay jim oʻtirishdi. Ayniqsa, Jalilning jim oʻtirishi ulugʻ tahsinga loyiq buyuk jasorat edi.

Muhiddin ota birdaniga maqsadni aytmay, gapni uzoqdan boshladi.
— Taqsir, bir rivoyat yodimga tushdi, ijozat bering, aytay. Hoynahoy siz bu rivoyatdan xabardorsiz. Buni hamrohlarim uchun ayta qolay.
— Marhamat qiling, azizim...
— Roviylar deyarlarki, podshoh bir qizni, otasi hamda ikki akasini oʻlimga hukm etibdi. Qiz oʻlimi oldidan bir qultumdan suv berishlarini soʻrabdi. Podsho muruvvat qilibdi. Suvni ichib boʻlgach, qiz debdiki: «Ey, muruvvatli podshoh, biz siz bergan suvni ichdik. Endi sizga mehmonmiz. Mehmonni oʻldirish mumkin boʻlsa, biz oʻlimga tayyormiz». Podsho qizning aqliga tan berib hukmni bekor qilgan ekan. Alqissa, shulki, biz sizga mehmonmiz. Haqiqat shulki, siz oʻlimga hukm qiluvchi shoh emas, xastalarga shifo beruvchi tabibsiz.
— Unday emas, inim, adashdingiz, astagʻfirulloh. Dard beruvchi ham, shifo beruvchi ham yolgʻiz Ollohdir.
— Haq rost, — dedi Muhiddin ota, bosh egib.
— Inim, siz meni koʻrinmas ip bilan bogʻlab oldingiz. Bilib turibman, bu inim, — u Asadbekka qaradi, — xastalar. Muolaja haqida soʻngroq soʻz yuritamiz. Hozir mehmondorlik taomilini buzmaylik. Avval taom, deydilar. Haligi arobalaring sogʻlom odamni ham xasta etadi. Bir oz dam olinglar. Men esa, siz aytgan rivoyatga javob aytay: «Hazrat Luqmon hakimdan soʻrabdilar:
— Toʻgʻri va aniq soʻzlashni kimdan oʻrgandingiz?
— Koʻr odamdan, — deb javob beribdilar hazrat. — Ular bir qadam bosishlaridan oldin avval hassalari bilan yerni paypaslab koʻradilar. Men esa soʻz aytishdan avval oʻylayman». Alqissa shulki, siz oʻylab-oʻylab durust soʻzlar aytdingiz. Mening koʻnglim bundan togʻdir.

Shu zaylda lutf almashilganidan soʻng har ikki tomonni ajratib turuvchi noqulaylik pardasi chetga surildi. Suhbat erkin maqom kasb etib, hatto Jalil ham «mulla» sifatida qoʻshila boshladi. Krasnoyardagi suhbatlar chogʻida Jalilning «mullalik» darajasini yaxshi fahm etgan Muhiddin ota vaqti-vaqti bilan uning soʻzini kesib turishga majbur boʻldi.

Hamonki ular aziz mehmonlar martabasiga koʻtarilgan ekan, Muhiddin ota oʻzlarini tanishtirmoqni lozim koʻrdi.
— Sizga bir qarashdayoq quvgʻindi ekaningizni yuragim sezgan, — dedi tabib. — Agar bilsangiz kamina ham quvgʻindilardan. Oʻz shahrimni tashlab kelib, bu qishloqda makon tutganman. Bu inimning, — u Asadbekka qaradi, — koʻp zulm koʻrganlarini koʻzlarining tubi aytib turibdi. Ammo, ishqilib adashayotgan boʻlay, koʻzlarining sirti, ayniqsa qorachiqlari oʻzgalarga zulm qilganlarini aytib turibdi.

Bu gapni eshitib, Muhiddin aka boshini egdi. Asadbek ham bosh egib bir oz jim oʻtirdi-da, soʻng tan oldi:
— Ota, adashmadingiz...
— Zamon majbur qildi ularni. Bizlar quvgʻinlarda qolganda, bular qarovsiz boʻldi. Kechagi kuni Asadbek boʻtam bilan shuni gaplashib edik. Hukumatni koʻrarga koʻzlari yoʻq. Bizlarni qamoqdan ozod qilishdi, taqsir, omma farzandlarimiz ruhlari shikastlanganicha qoldi.
— Bilaman, inim, bilaman, — dedi tabib ogʻir tin olib. — Bu gaplarga hojat yoʻq. Bilsangiz inim, men boshqa olamman. Sovet Ittifoqi degan badbaxt davlatni dunyo tan olgan, ammo men tan olmaganman. Sovet Ittifoqining chegarasi siz bosib oʻtgan darvoza ostonasida tugaydi. Ostonaning bu tomoni boshqa dunyo.
— Bu davlat yuragimizdan joy ololmadi. Siz yaxshi aytdingiz, taqsir. Endi bu chegarani yanada uzoqroqqa uloqtirish zamoni kelarmikin? Bu haromilar qachon yoʻq boʻlarkin?
— «Al-birru la yubla, vaz-zanbu la yunsa ad-dayyanu la yamutu i'mal ma-shi'ta kama tadiynu tu'danu»*,— dedi Abdurahmon tabib ma’noli ohangda.

Jalil hadisning ma’nosiga tushunmasa ham «qarang-a!» degan hayrat bilan bosh irgʻab qoʻydi. Muhiddin aka esa bir oz oʻyga tolib soʻng tabibga qarab dedi:
— Astaiyhzu billah, «Va loqad karromna bani Adama», — Ulugʻ qilib yaratilgan odam zurriyodlari shayton yoʻliga kirsa shu ekan-da. Astaiyhzu billah, «Va inna alayka la’nati ilo yavmid-din»[5].

Ular ikki alloma singari suhbat yuritardilar. Jalil ularning suhbatiga oʻz fikri bilan qoʻshilish uchun ogʻiz juftlaganida Asadbek tirsagi bilan biqiniga turtib, koʻz qarashi bilan «Jim oʻtir» deb tahdid qildi.

Suhbat chiroyli tarzda davom etayotganda, hovlida bir odamning «Abdi!» degan baqirigʻi eshitildi. Goʻyo jimirlab turgan koʻlga tosh tushganday boʻldi.
— Dev akam keldilar, — dedi Abdurahmon tabib miyigʻida kulib. — Aybsitmanglar, mehmonlar. U — Xudoning erka bandasi. Mening doimiy aziz mehmonim.

Tabib mehmonni qarshilashga turganida ostonada devning chala tugʻilgan bolasini eslatuvchi, baland boʻyli, toʻladan kelgan, soch-soqoli oppoq oqargan, usti yupun odam koʻrindi. U ostona hatlab ichkari kirib mehmonlarni koʻrdi-yu, bir zum toʻxtadi. Ularga bir-bir qarab olgach, dadil yurib kelib Muhiddin ota bilan koʻrishdi:
— Assomoykum, senga million soʻm beraman, — dedi jiddiy tikilib.

Bu gapni eshitgan Muhiddin ota nima deyishni bilmay, gangib qoldi.

Dev aka Jalil bilan koʻrishayotib ham shunday dedi. Ammo barchani hayratda qoldirib Asadbekka bunday demadi.

Abdurahmon tabibga uning fe’li ma’lum: Dev aka birovni suymasa pul va’da qilmaydi. Boshqalarga milliondan «beraveradi». «Bu odamning nimasi yoqmadi? U ham koʻzlarida zulm koʻrdimi ekan?» deb oʻyladi tabib.

Dev aka millionlarni «ulashib boʻlgach», oʻtirib Abdurahmon tabib uzatgan choyni xoʻrillatib ichdi.
— Abdi, — dedi u tishsiz milklari bilan non chaynab. — Mix yoʻq. Hech yerda yoʻq. Iso Masixni mixlashga yetgan mix endi yoʻq. Hamma tilanib yuribdi. Rais ham tilanyapti. «Sotsializm qurish uchun ehson qiling», deydi. «Puli yoʻq odam qurilish boshlamaydi», dedim. — Dev aka hiringlab kulgan edi, ogʻzidagi choy soqolidan oqib tushdi. — Pul yoʻq, mix yoʻq, u sotsializm quraman, deydi.

Muhiddin ota unga qarab turib ajablandi: ba’zi gaplari tuppa-tuzuk, ayrimlari almoyi-aljoyi. Uy egasi indamay oʻtirgani uchun, ular ham gapirmadilar. Dev aka choyni ichib boʻlgach, piyolani toʻntardi-da, oʻrnidan turdi.
— Abdi, mix yoʻq, sen sotsializm qurma, — deb chiqib ketdi.

Shundan soʻng tabib Dev akaning kimligini aytib qoʻyishni lozim topdi.
— Biz bir qishloqdan edik. Qizillar kelib bizdan tilla talab qilishdi. Bularning uyini tit-pitini chiqarishibdi. Onasi yashirib qoʻygan bitta tangani yutib yuboribdi. Haromilar koʻrib qolib, ayolni homilador demasdan, qilichda qornini yorib olishgan oʻsha tangani. Dev aka toʻrt-besh yosh ekan. Oʻshandan beri shunaqa boʻlib qolgan.
— Astagʻfirulloh, — dedi Muhiddin ota.
— Yoʻgʻ-e, homilador xotinni-ya? — deb ajablandi Jalil.
— Bu sizlarga choʻpchakka oʻxshaydi, — dedi tabib. — Men ertakchi emasman. Bilganimni gapiraman. Bizni bu yoqlarga koʻchirishganda Dev aka ergashib keldilar. Avval biznikida yotib yurardilar. Keyin-keyin duch kelgan yerni makon tutadigan boʻldilar. Qishin-yozin yurishlari shu — sarpoychan.

Ovqat kirib taomlanishgandan soʻng tabib Asadbekning yoniga oʻtdi.
— Qani, inim, qoʻllaringizni bering. Ismingiz nima, yoshingiz nechada?

Tabib Asadbekning kaftlariga boqdi, tirnoqlarini ezib koʻrdi. Soʻng ikki bilagidagi tomirga bosh barmogʻini qoʻyib, boshini egganicha ancha oʻtirdi.
— Ichingizga sovuqlik in qurib olibdi, haydash kerak, — dedi u Asadbekning bilaklarini qoʻyib yuborgach. — Buning ilojini qilamiz. Lekin... yana bir xastalik ilashibdi sizga. Buning ishi qiyin. Shifo berguvchi Olloh. Ollohga tavakkul qilgumiz. Menda dori tayyorlash uchun bir narsa yetishmaydi. Eski arobada kelganingiz bilan topar-tutaringiz yaxshiga oʻxshaydi.
— Ayting, topamiz, — dedi Jalil.
— Topasizmi? — dedi tabib unga norozi qiyofada boqib. — Yaxshi, topib keling. Menga tilla tanga kerak.
— Tilla tanga? Nechta? — deb soʻradi Jalil, xuddi choʻntagi tilla tangaga toʻla odamday.
— Bir dona. Aslida undan ozgina kukun sidirib olaman. Qolgani oʻzinglarniki.
— Oshnam tuzalsa boʻldi, bu yogʻidan xotirjam boʻling, ota. Bir emas, yuzta tanga boʻlsa ham topamiz.
— Inim, ikkinchi daf'a bunday deya koʻrmang menga. Men u dunyoga mol-dunyo bilan bormayman. Yolgʻiz Ollohga va uning rasuliga muhabbatim bilan boraman. Shu bois bu dunyodagi boylikni, siz aytgan yuzta tangani sariq chaqaga ham olmayman.

Asadbek oshnasining biqiniga tirsagi bilan turtdi. Muhiddin ota «attang!» deganday bosh chayqadi.
— Uzr, otaxon, oʻylamay gapirib yubordim, — deb bosh egdi Jalil.
— Siz menga yuzta emas, bitta topib keling. Sayyid Abdulahadxon tangalaridan boʻlsin.
— Abdulahadxon? — dedi Jalil.
— Buxoroi Sharifda shunday amir oʻtgan.
— Sovetning tangalari boʻlmaydimi? — dedi Jalil.
— Nikolayniki ham, boshqa zamonniki ham boʻlmaydi. Menga kerakli narsa faqat Sayyid Abdulahadxon zarb etgan tillasida bor.
— Men uni qanday topaman?
— Topolmaysizmi? Unda sira oldindan katta ketmang. Men muolajani bugundan boshlayman. Uzoqdan kelibsiz, shu uy sizniki. Siz esa inim, poezdda bir yarim kunlik yoʻl, bir joyga borasiz. Hayim degan yamoqchini topasiz. «Abdurahmon tabibdan salom. Siz Sayyid Abdulahadxonning oʻn yettinchi jiyani ekansiz. Tabibga bitta tanga zarur boʻlib qoldi», deysiz. Savdolashmaysiz. Soʻragan pulini berasiz.

Jalil ishning bu qadar oson koʻchganiga, ayniqsa, Kesakpolvon ottirgan otlardan gap ochilmaganidan quvonib yoʻlga tushdi.

2

Jalil poezddan tushib, Abdurahmon tabib aytgan joyni qiynalmay topdi. Lekin ustaxonasida Abdurahmon tabib ta’riflagan keksa yamoqchini emas, yigirma besh yoshlardagi yigitni koʻrdi.
— Hayim aka qaerda? — deb soʻradi Jalil.
— Haym akoni nima qilasiz? — deb savolga savol bilan javob berildi. Jalil:
— Men bir odamdan salom olib keldim, — dedi.
— Kimdan?
— Abdurahmon tabibdan. Sen bilmasang kerak uni. Sen oʻzing kimsan?
— Haym akoning nabirasi.
— Bobong qanilar?
— Ketganlar.
— Qachon keladilar.
— Kelmaydilar. Bobom ketgan joydan qaytishga yoʻl yoʻq.
— Isroilga ketdimi?
— Undan ham uzoq... Xudoning oldiga...
— Oʻldimi? Shuni ayta qolmaysanmi. Gapni choʻzishingni qara.
— Ako, siz soʻradingiz, men javob berdim. Bobomda nima ishingiz bor edi?

Jalil tabib tayinlagan gaplarni dona-dona qilib aytdi.
— Ako, bu kriminal ish. Bizga unday tanga yoʻq.
— Sen mahmadonalik qilma. Uyingga borib buvingdanmi, ota-onangdanmi soʻra. Men milisa emasman, qoʻrqma.
— Ako, menga qoʻrqish yoʻq. Tanga ham yoʻq.
— Men shu yerda oʻtirib turay, sen uyingga borib soʻrab kel.
— Erta keling, ako.
— Erta deganing nimasi? Men qaerda yotaman?
— Istansada yotsangiz mumkin.

Jalil qarasaki, bu yigit gap uqmaydigan. Noiloj iziga qayta boshladi. Sal nari yurgach, yigit chaqirdi:
— Ako, hov ako!

Jalil «Xudoga shukr, insof kirib qoldi shekilli», deb oʻgirildi.
— Ako, pulingiz yoningizgame? — deb soʻradi yigit u yaqinlashgach.
— Sen avval tangani top. Pul naqd.
— Erta keling.

Jalil unga bir bobillab bermoqchi boʻldi-yu, ishni buzmay deb tilini tiydi. U yamoqchi aytganday bekatga bormay, masjidni izlab topib, oʻsha yerdan qoʻnoq topdi. Masjid imomi safarga ketgan, noibi ayni Jalilbop — chala mulla ekan. Ikkita chala mulla suhbat qurganda ilmning yanada sayozlashib ketishi oʻsha kuni yana bir karra isbotlandi.

Ertasiga ham ish pishmadi. Yigit yana «Erta keling», deb turib oldi. Jalil qaytmoqchi boʻlganda yana «Pul yoningizgame?» deb soʻradi.

Uchinchi borishda ustaxonada beliga eski charm peshband bogʻlab, chaqaloqning mushtini eslatuvchi burniga dumaloq koʻzoynak qoʻndirgan qariyani koʻrdi.
— Kecha bir yigit oʻtiruvdi? — dedi Jalil u bilan salomlashgach.
— Sizga yigit kerakme? — deb savolga savol bilan javob berdi chol.
— Aslida menga Hayim aka kerak.
— Haym akangiz men-ku? — deb kuldi qariya. — Nabiram sizga nima dedi, ketdi, dedime?
— Ketdi desa ham mayli, oʻldi, dedi.

Hayim kuldi:
— Nabiram hazilga moyil. Ammo u ketdi, degan, siz oʻldimi, degansiz, haymi?
— Shundoq-ku... lekin...
— Aka Abdurahmon amonme? Nima deydi?

Jalil tabibning gapini soʻzma-soʻz takrorladi.
— Hay, pulingiz kissangizgame?
— Ha.
— Oling.
— Qancha?

Hayim aytdi. Jalil qoʻyin choʻntagidan gazitga oʻrogʻliq pulni olib sanamoqchi edi, yamoqchi urishib berdi:
— He, esingizga bir narsa, sizning. Bu yerga sanamang pulni. Boshqa joyga sanab keling.

Jalil xoliroq koʻchaga borib pulni sanab yana gazeta parchasiga oʻradi-da, ustaxonaga kelib, yamoqchiga uzatdi.
— Erta keling, — dedi yamoqchi.
— Yana ertami?
— Ha, sizga osonme, bu. Xohlamasangiz boshqa yerga izlang.
— Xoʻp, xoʻp...

Jalil uni ichida soʻka-soʻka masjidga qaytdi.

Ertasiga yamoqchi unga balchiq surilgan tanga uzatdi. Jalil loyni artmoqchi edi. Hayim uni toʻxtatdi:
— He, esingizga bir narsa sizning. Tegmang. Bu kriminal ish, tushunmaysizmi? Boring, Haym aldamaydi. Haym chestniy grajdanin.

Uch kunlik xunobgarchilikdan soʻng Jalilning bagʻriga oftob tekkanday boʻldi.

3

Tong qilichi gʻolib kelib, tunning ikki qoshi orasini poraladi.

Ikki qariya namozni oʻqiyotganida Asadbekda ham ibodat qilmoqqa mayl uygʻondi. Uyda yolgʻiz qolganida, azon tovshini eshitganida shunday his uygʻonardi. Hozir uning vujudida gʻalati kuch qoʻzgʻolib, turishga majbur etdi. U tahorati boʻlmasa-da, namoz oʻqishni bilmasa-da, Abdurahmon tabibning orqasida namoz oʻqiyotgan Muhiddin otaning yonidan joy oldi. Namozxonlar tursa turdi, rukuga borsa, ruku qildi, sajdaga bosh qoʻyishganda u ham joynamozga bosh qoʻydi. Ana shunda koʻkragida bir oʻksik uygʻondi. Zoe ketgan umriga aza ochib, yigʻlagisi keldi.

Sajdaga bosh qoʻyguncha boshqa odam edi.

Sajdadan bosh koʻtarganida u boʻlak inson bolasiga aylandi.

Har bir narsada zang bor, qalb nurining zanglashi— toʻqlikdir, deydilar. Hozir xolis ixlos bilan sajdaga bosh qoʻyganida oʻsha zang toʻkildimi — Xudo biladi.

«Dillardagi kibr-havoni ketkazishga qaraganda togʻni igna bilan agʻdarish osonroq», deydilar. Ammo Olloh istasa bu mushkulotni osonlik bilan hal etadi.

Namoz oʻqib boʻlingach, avval Muhiddin ota, soʻng Asadbek turdilar-da, koʻrpachalar toʻshalgan xonaga oʻtdilar.

Abdurahmon tabib esa oʻrnidan jilmadi. Uning odati shu: Yaratgan bilan xayolan gaplashadi. U bu odatini hech qachon kanda qilmagan. Bugun ham munojotini boshlab, mehmonlarning turib ketganlarini hatto sezmadi ham. Vujud qarigani sayin aql kuchga kirib boradi, deb bejiz aytishmagan. Abdurahmon tabibning munojotini tinglagan har bir kimsa bu haqiqatga yana bir karra amin boʻladi.

Avvallari, yoshlik chogʻlarida dushmanlarga, ularni qaqshatgan qizil zolimlarga jazo berishini soʻrab iltijo qildi. «Al qasosul min-al Haq». Qasos — Haqdandir. Abdurahmon tabib avvaliga nima uchun kofirlar qoʻli baland kelayotganidan ajablandi. Hatto ba’zan shayton alayhila’na vasvasasiga uchib, «Agar kofirlarni jazolay olmasang qanday qodir Xudosan!» (Astagʻfirulloh!) degan vaqtlari ham boʻldi. Keyinchalik oyati karimada zikr etilmish «Kufr yoʻlini tutgan kimsalar ularni tek qoʻyganimizni oʻzlari uchun zinhor yaxshilik deb hisoblamasinlar. Biz ularni faqat gunohlari koʻpayishi uchungina muhlat beramiz. Ular uchun xor qilguvchi azob bordir», degan Haqiqatni anglab yetdi. Yana eng muhim bir narsaga — «Olloh nima sababdan bu yurtni kofirlar zulmi ostida ezilishiga qoʻyib berdi?» degan savolga javob topdi. Javob oddiy edi — qavm Ollohdan uzoqlasha boshladi. Shayton gʻolib mamlakatda kofirlar oʻzlarini daryo suvidagi baliqdek his qilib, yayradilar. Kofirlar zulmidan qutulmoqning yoʻli bir — Ollohga yaqinlashish, Ollohga qaytish!

Keyinroq gʻanimlarga insof tiladi.

Har insof tilaganida bir voqea esiga tushadi.

Qishloqni qizillar bosdi. Ular qishloq ahlining tarixini kimdandir bilibdilar. Tarix shuki, ularning qabilasi yuz yillar muqaddam urushdan bezib, togʻ oshib kelishgan. Bu qabilaning gʻoyat katta boylikka ega ekani haqida rivoyatlar yuradi. Aslida bu rivoyat emas, haqiqat edi. Chindan ham ularning katta boyliklari mavjud, lekin uning qaerga yashiringani qattiq sir saqlanardi. Qabila oʻtroq boʻlib, qishloq vujudga kelgandan soʻng ham boylik sarf qilinmadi. Ayrimlar «Ezilib ishlayveramizmi, ota-bobolardan qolgan boylikni ulashing», deyishganda oqsoqol vazmin turib «Agar mehnat bilan yashashni chumolidan oʻrganing, desam sizlarga uyatdir. Agar bu nasihatga amal qilmasangiz ikki karra uyatdir», deb mojaroga yakun yasagan ekan. Boylik yurtga qaytib borilgandagina sarf etilsin, degan vasiyatga barcha avlod sodiq keldi. Ana shu boylikning isini olgan shoʻrolar keksalarni siquvga oldilar. Ana shu onda Islom lashkarlari hujum qilib, ular Oqsoqolning qoʻrgʻonida qurshovda qoldilar. Islom lashkarlari keksalarni asrab qolish maqsadida «ularni ozod qilinglaru ketinglar» deb shart qoʻydilar. Qizillar «kechasi ketamiz» deyishdi. Ketishgandan soʻng qarashsaki, boylik qaerdaligini aytmagan qariyalarning boshlarini jodida bir-bir uzishibdi...

...Oʻshanda qariyalar Xudoga nola qilib zolimlarga insof tilashgandir...

Dev akaning onasi ham tilagandir.

Tillani deb qancha jonlar qurbon boʻldi.

Hamma mamlakatlarda, hamma zamonlarda bunga oʻxshash voqealar yuz bergan.

Aslida oltinning rangi sariq emas, toʻkilgan qonlarga mos — qizil boʻlishi kerak.

Abdurahmon tabib har subhi sodiqda Ollohdan bandalariga imon tilaydi, hidoyat tilaydi, dil qulflarini ochmoqlikni soʻraydi...

Tashqarida ayol kishining ovozi kelib Abdurahmon tabibning xayoli boʻlindi. Munojotini nihoyasiga yetkazib, yuziga fotiha tortdi-da, tashqariga chiqdi. Egniga qora duxoba kamzul kiygan kampirga qarab:
— Yana keldingizmi, singlim? — dedi norozi ohangda.
— Bergan doringizni ichib boʻldim, —dedi kampir aybdor odam ovozida.
— Ichib boʻlibsiz, yaxshi. Endi dam oling.
— Tabib ogʻajon, siz hamma narsani bilasiz, ayting, bir oy ichida oʻlib qolmaymanmi?
— Buni Xudo biladi.
— Siz ham bilasiz. Ayting bir oy...
— Bir oyda nima qilmoqchisiz?
— Men hech narsa qilmayman. Menga qolsa, vaqtim bitgan boʻlsa, hozir ham tayyorman. Lekin... oʻgʻlim toʻy qilmoqchi. Men oʻlib qolsam, toʻyga ataganini azaga ishlatib, sovuradi. Nima boʻlsa ham toʻydan keyin oʻlay.
— «Kulli nafsin zoyiqatul-mavta»[6], — dedi tabib. Oyati karimaning ma’nosini tushunmagan kampir «Tabib duo qildi», deb unga minnatdorchilik bildirdi.

Abdurahmon tabib xos xonasiga kirib qogʻozga bir siqim quritilgan koʻkat solib chiqdi-da kampirga uzatib:
— Qaynatib iching. Xudo xohlasa oʻgʻlingizning hamma toʻylarini koʻrasiz, —dedi.
— Oʻrigimizga ola hakka qoʻnib qaqillayapti-da, — dedi kampir xavotiri boisini bayon qilib.
— Bid'atlarga ishonmang, odamlar aytaveradi.
— Ota-onam ham tushimga kiryaptilar.
— Bid'atga ishonmang, dedim-ku! — dedi tabib jahl bilan. — Boring, yana ikki yil yashaysiz.

Kampir «Hazillashyapsizmi?» deganday qarab turdi. Tabibning qarashi jiddiyligini koʻrib, uni duo qila-qila ketdi.
— Odamlar qiziq-da, — deb oʻyladi Abdurahmon tabib, uning izidan qarab. — Ikki kundan keyin oʻlasan, desam ishonmaydi, qargʻab-qargʻab ketadi. Ikki yil yashaysan desam ishonadi, duo qiladi. Janob Rasululloh «Oʻng tomonimga salom berib chap tomonimga salom berishga ulguramanmi-yoʻqmi, bilmayman», deganlar. Paygʻambar bilmagan narsani tabib qanday bilsin...

4

Jalil tilla tangaga ketgach, Abdurahmon tabib muolaja boshladi. Avval eski qonni eslatuvchi qoʻlansa dorini ichirdi. Soʻng bir kosa qaynatma shoʻrva keltirdi. Shoʻrvani ichib boʻlgach, Asadbekni poʻstinga oʻrab qoʻydi. Asadbek shu darajada terladiki, umri boʻyi bunaqa holga tushganini eslolmaydi. U yettita ilonni yeb semirgan ilon shoʻrvasini ichganini bilmadi. Shoʻrvaga ilon solinganini bilsa, balki icholmas yoki qayt qilib tashlagan boʻlardi. Muhiddin ota bilan ochilib gaplashayotgan, Asadbekka qaragani hamon tundlashadigan tabib «ich», dedi, tamom — bajardi.

Tongda yengillashib turdi. Xuddi darddan butkul forigʻ boʻlganday tuyuldi. Namozdan keyin esa ruhi ham tetiklashdi.

Abdurahmon tabib kampirni kuzatib kirgach, oʻrnidan turib salom berdi.
— Koʻrinishingiz, Xudoga shukr, durust, — dedi Abdurahmon tabib, salomga alik olib.
— Tuzalib qolganga oʻxshayman.
— Olloh shifo bersin. Ammo tuzalishingizga fursat bor. Bu xastalik xiyla oʻjar.
— Oʻgʻlingizning toʻyigacha tuzalib ketasiz, inshoolloh, — deb gapga qoʻshildi Muhiddin ota. Soʻng qoʻshib qoʻydi. — Odamzotning farzandi toʻyini koʻrish umidida yashamogʻi goʻzal hol-da!

Uning keyingi gapi ohangida farzandsiz oʻtayotganidan bir afsus, bir armon bor edi. Tabib buni sezib gapni burdi:
— Hozirgi kampirni aytasizmi?
— U chindan ham ikki yil yashaydimi? Oʻgʻlining toʻyini koʻradimi? — deb qiziqdi Asadbek.

Abdurahmon tabib jilmaydi. Uning bu jilmayishida xursandlik yoki quvlik emas, iztirob bor edi.
— Buni Ollohgina biladi. Xasta hali tirik ekan, tuzalishiga Ollohdan umid bor. Ba’zan birovning koʻnglini koʻtaraman, deb gunohga botaman. Shunda hazrat Navoiyni yodlayman:

Ey gʻofilu gʻaflatqa vujuding magʻlub,
Majmui yomonligʻ nazaringda margʻub.
Bording dagʻi kelmading bu erdi matlub,
Yolgʻonlaring ichra yoʻq edi mundin xoʻb...

Odam bu dunyoga oʻlish uchun keladi. Xarobaga aylantirish uchun quradi. Shu haqiqatni tushuntirishim qiyin.

Nonushtadan oldin Asadbekka yana kechagi qoʻlansa doridan berdi. Nonushtadan soʻng esa yumushlari borligini aytib, uzr soʻradi. Shu ketganicha peshinda bir koʻrindi. Mehmonlarni chogʻroq, oynavand xonaga taklif qildi. Bu xonada tancha hozirlab qoʻyilgan edi.

Asadbek tanchaga oʻtirib, bolaligini esladi.

Tancha sovub qolgan kunni ham yodiga oldi.

Otasini olib ketgan kunlari.

Soʻng tancha chetidagi Samandarning murdasi...

«Tashqariga chiqmay turing», degani uchun shu uyda oʻtirdilar. Ertalab Asadbekning namozga turganidan quvongan Muhiddin ota unga ibodat qoidalarini oʻrgata boshladi. Qoʻl bogʻlab turishni oʻrgatayotganda tabib kirib, uning harakatlarini kuzatdi. Soʻng tanchaga omonat oʻtirib, Asadbekka qaradi.
— Xudoga shukrki, dilingiz qulfini ocha boshlabdi,— dedi u mamnunlik bilan. — Agar kecha bu birodarimning uzrlari aytilmaganda sizni boqmas edim. Men sizning koʻzingizda zulm koʻrdim. Zulmkor odamlar hayotdan bir kun kech ketganidan koʻra, ikki kun avvalroq oʻtgani durust. Shunda kamroq odamga zulm oʻtkazadi.
— Boʻtamni zamon yoʻldan chiqardi.
— Unday demang, inim, oʻsha zamon nima uchun siz bilan meni yoʻldan chiqarmadi? Qush qaerga in qurishni biladi,a? Demak, yashashdan maqsadini ham biladi. Nahotki, jonzotlar orasidagi eng oliyi hisoblanmish insonning qush bilgan narsaga fahmi yetmaydi?
— Taqsir, — dedi Muhiddin ota. — Sizga uchratgani uchun Ollohga shukr. Xudo xohlasa ham tan xastaligi, ham ruh xastaligiga shifo topajakmiz.
— Bir narsani aniq fahm eting, inim, — dedi tabib Asadbekka. — Kimki hiylai tadbirni tashlasa, yaxshi ham tinch yashaydi.

Tabib shunday deb yana hovliga chiqib ketdi.

Jalil ertasi kun ham kelmagach, Muhiddin ota xavotirlandi.
— Xavotirlanmang, inim, — dedi tabib kulimsirab. — Hayim osonlik bilan ishonmaydi. Kamida uch kun ovora qiladi.

Shundan keyin Jalilning kelishini sabr bilan kutdilar.

Tabib Jalil keltirgan tilla tangani yuvib, artib chiroqqa tutdi. Oltin tovlanib koʻzni oldi. Abdurahmon tabib katta kosada tayyorlab qoʻygan dori bilan kichik egovni olib kelib, tangani ularning koʻzi oldida egovladi. Yetarli miqdorda egovlagach, oltin zarralarini doriga aralashtirib chetga olib qoʻydi-da, tangani Asadbekka uzatdi:
— Olib qoʻying, inim.
— Sizda qolaversin, rozimiz, — dedi Asadbek.
— Yoʻq, inim, bu yerda qolmasin.
— Yana birorta kasalga ishlatarsiz?
— Agar lozim boʻlsa odam joʻnataman.
— Buni sotib, masjidga ishlata qolinglar, — dedi Jalil.
— Masjidga peshona teridan topilgan mablagʻ boʻlsa, tashlab ketarsiz...

Xullas, Abdurahmon tabib tangani ham olmadi, «Xudo yuborgan mehmonlardan pul olsam, qiyomatda Ollohimning koʻziga qanday qarayman?» deb «qoʻl haqi», «nazir» deyilguvchi pulni ham olmadi.

Tabibning maslahati bilan Asadbek yana biron hafta qoladigan boʻlgach, Jalil uyiga qaytdi.

5

Muhiddin ota Asadbeknikida uzoq qolmadi. Asadbek uning yoniga ikki yigitni qoʻshib, «Kozlovni olib kelinglar», deb tayinladi. Muhiddin ota qabriston chekkasining yonib kul boʻlganini uzoqdan koʻrib, yuragi ezilib ketdi. Bu yerda qanday voqea sodir boʻlganini oʻzicha taxmin etdi.

Mashinadan tushdi-da, bir toʻp kulga aylangan uyi oldida gʻaribona turib qoldi.

Yaxshi-yomon kunlari oʻtgan edi bu uyda.

«Qamoqda halok boʻlgan birodarlarim ruhi kezib yuradi», deb koʻngli taskin topardi.

Birodarlarining ruhlari chirqiradimi endi?

Charxpalakning chelakchalari anhordan suv olib novga toʻkkani kabi falak gardishi zulmkorlarni zamin yuziga toʻkaveradi, toʻkaveradi. Zulm daryosi esa tuganmas, qurimas...

Kozlovdan ham nom-nishon qolmagan. U kuyib kul boʻlganmi yo qochib qolganmi — Xudo biladi.

Muhiddin ota bir oz turgach, qorda izlar qoldirib qabrlar oralab yurdi. Asadbekning otasi yotgan qabrga yaqinlashib, tiz choʻkdi. Tilovat qildi. Xayolan u bilan suhbatlashdi.

Soʻng iziga qaytdi. Arobaga oʻtirib, qishloqqa bordilar. U yerdagilar uychaning yonganidan bexabar edilar. Yigitlar Muhiddin otani qishloqda qoldirib, qaytishdi. Bir haftacha turib Muhiddin ota ham qishloqqa sigʻmay qoldimi, u ham yurtiga qaytdi.

II- qism
 



  1. Mazmuni budir: «Tillari asaldan ham shirin, qalblari esa boʻrilarning qalbidir».
  2. Mazmun budir: Agar quzgʻun qavmning yoʻlboshlovchisi boʻlsa, Tezda ularni oʻlaksazorga olib boradi.
  3. Moskvadagi qamoqxona.
  4. Sobiq KGB nazarda tutilyapti.
  5. Mazmuni budir: «Yaxshilik eskirmaydi, gunoh unutilmaydi, Olloh taolo oʻlmaydi. Endi nima qilsang qilaver. Amalingga yarasha jazo olasan (Hadisi sharifdan).
  6. Mazmuni budir: Har bir tirik jon oʻlim mazasini totib koʻruvchidir.