OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (III- kitob, III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm200KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (III- kitob, III- qism)
Tohir Malik

XV bob

1

Bir kishilik tor, zax, nimqorongʻi qamoq. Quyosh nuri oqib kelishi mumkin boʻlgan tirqish ham yoʻq.

Bu zax xonada sogʻlom odam xastalikka chalinishi, xastaning esa oʻlimi aniq boʻlishi ham hech gapmas. Zohid bunday xonani endi koʻrayotgani yoʻq. Lekin avvalgi koʻrishlari boshqa, bunisi boshqa. Avvallari tergovchi sifatida, majoz bilan aytilganda «mehmon» sifatida koʻrar edi. Endi esa oʻzi mahbus, ya’ni «mezbon». Bu yerda bir kun boʻladimi yo bir yilmi, yoki undan koʻpmi — bilmaydi. Oʻzidan oldin bu xona mezbonlari ham shunday edi.

Bu sovuq beton devorlar necha oʻnlab yoki yuzlab odamlarning ohu faryodini oʻziga singdirgan. Bu yerda qancha begunohlar nola qildi ekan? Devor-ku tosh, nolalarga parvo qilmaydi. Devor ortidagi odamlar-chi? Ular «Shu xonada begunoh odam yotibdi», deb oʻylashganmi, achinganmi? Zohidning oʻzi-chi? Shunday xonalar yonidan oʻtayotganda nimalarni his qilgan. Eshik tirqishidan moʻralayotgan koʻzlarni koʻrardi-ku?..

Mana hozir u xona oʻrtasida qoʻllarini orqaga qilib turibdi.

Shu devor ortida hovli bor, uning ortida esa koʻcha, daraxtlar... Bulutlar bilan olishayotgan oftob. Ming turli qaygʻu yoki ming turli baxt bilan yurayotgan odamlar. Qaygʻudagilar ham, baxtiyorlar ham yurayotgan yoʻllaridan sal naridagi yertoʻlada mahbuslar yotganini bilmaydi. Bilsa ham e’tibor bermaydi. Balki hozir shu koʻchadan Zohidning qishloqdan kelgan otasi yoki onasi oʻtib borayotgandir, balki xotini kechki ovqatga kechikmay deb shoshilib ketayotgandir...

Kechki ovqatga Zohid bormaydi. Nonushtaga ham... Xotini dastlab xavotir olmaydi... Keyin...

Keyin nima qiladi? Qayga boradi?

Ishxonasiga keladi. Birov «Bilmayman», deydi, birov «Falonchiga uchrang», deydi. Falonchi pistonchiga yuboradi. Pistonchi esa «Ering poraxoʻr», deydi. Xotini ishonadimi? Yoʻq, ishonmaydi. Maoshdan maoshga arang yetib borishadi-ku, axir. Balki... Xotini boshqa narsani oʻylar? Poralarni olib, oʻynashiga ishlatar, der?.. «E, yoʻq, bunaqa oʻylamaydi, menga ishonadi...»

Xayollariga erk bergan Zohid adashayotgan edi. Uning ahvolidan xabar topgan Said Qodirov «Eringiz shoshilinch safarga ketdi, qishloqqa borib turar ekansiz», deb xotini bilan bolasini joʻnatishga ulgurgan edi. Berger esa egasiz uyning qulfini buzdirib ochib, tintib chiqib ketgan edi.

Dil dogʻlangan, bardosh bogʻlangan.

Bu dunyoda qahramonlik koʻrsatish zarur emas, ammo ablahlik qilmaslik shart, degan aqida asosida ulgʻaygan, shu aqida bilan yashayotgan Zohid tamoman gangib qoldi. Yorugʻlik bilan qorongʻulik chegarasini aniq belgilash mumkin boʻlmaganidek, u adolat bilan adolatsizlikning chegarasini tamoman yoʻqotdi. Bunday chegara bormi, boʻlganmi — bilmay ham qoldi.

«Sharif Namozovni qamash, qamoqdan chiqarish haqidagi qogʻozlarda mening imzom yoʻq edi. Uni faqat soʻroq qilganman. Nima uchun menga ayb qoʻyishyapti? Namozov nima gunoh qilgan? Moskvadan kelishgan boʻlsa — ish jiddiy. Vinzavod masalasi boʻlsa kerak. Vinzavod titilsa — Asadbekning tagiga suv ketadi. Maqsad vinzavod boʻlsa, meni nima uchun tiqishtirishadi? Bu kimning ishi? Asadbeklarnikimi? Men ularga xalaqit bermay qoʻydim-ku? Yo bir odamni yemish qilish kerak boʻlsa prokuraturadagilar meni roʻpara qilishdimi? Men ular uchun kimman? Hech kimman! Hali bir ishni qoyillatganim yoʻq...»

Oradan qancha vaqt oʻtdi, bilmaydi. Tun kirdimi, yoʻqmi — buni ham bilmaydi. Koʻzlari oʻngida hammayoq xira. Bu xona ichra emas, goʻyo dunyo ichra yolgʻiz. Hech kimdan nido yoʻq. Faqat tor koʻkragiga bandi yuragi behalovat tepadi. Tepib-tepib koʻkrak qafasini sindirib qochib ketgisi keladi. Oʻzini himoya etolmaydigan bu vujudni tark etgisi keladi.

Eti junjikdi. Daraxtlarni koʻrgisi keldi. Begʻubor osmonni, quyoshni qoʻmsadi. Xuddi ularni ming yillardan beri koʻrmayotganday sogʻindi.

«Oy boʻlishni xohlaysanmi yo quyoshmi?»

Bu ovoz qaydan keldi?

Akasining ovozi. Bolalikdagi begʻubor, mas'um ovozi...

Zohid gangib turgan paytda ovoz takrorlandi:

«Oy boʻlishni xohlaysanmi yo quyoshmi?»
— Quyosh boʻlishni... — Bu kichkina Zohidning ovozi.
— Qara, oy chiroyli-ku?
— Quyosh esa issiq. Siz oy boʻla qoling.
— Men qush boʻlgim keladi.
— Nega?
— Maza qilib uchaman. Uchaveraman.
— Men ham uchaman.
— Yoʻq, sen quyosh boʻla qol. Men sening atrofingda uchaman. Osmonda ikkalamiz boʻlamiz...

«— Osmonda quzgʻunlar ham bor.»

«— Osmonda qora bulutlar ham bor...»

Bu kimning ovozi?

Bolalik xotiralariga muhrlangan oʻsha suhbatda «quzgʻunlar, qora bulutlar» yoʻq edi. Buni keyinroq anglashgan. Ayniqsa oʻsha ayriliqdan keyin...

Oʻsha mash'um voqeadan soʻng Zohid akasi bilan gʻoyibona koʻp gaplashdi. Jisman yolgʻiz qolgan kechalarda ruhan akasi bilan birga edi. Faqat... uylanganidan soʻng bu jarayon kamaydi.

Sudda oʻrtoqlari yolgʻon gapirishganda akasi bilan tun boʻyi suhbat qurgan edi. Oʻgʻlining yolgʻiz holda qotib oʻtirishini sezgan onasi xavotirlandi. Unga bildirmay oʻzicha choy, qand olib borib domlaga oʻqitib kelib, shirin choylar qilib ichirdi.

Oʻsha kecha yuragi siqilib oʻtirganida birinchi marta akasining ovozini eshitgan edi:
— Sen ulardan ranjima. Ular meni oʻldirganlari bilan, ular... doʻstlarim edi. Yolgʻon gapirishmasa, ogʻirroq jazo olardilar.
— Ular doʻst emas... Bobom kitobdan oʻqib bergan edilar, esingizdami: «Doʻstingni yengilroq sevginki, kuni kelib, dushman boʻlib qolishi ham mumkin». Doʻstlaringiz shunday boʻlib chiqdi.
— Unday dema. Vaqti kelganda ular bilan bitta mayizni boʻlishib yeganman. Bu... tasodif boʻldi. Oʻldirish niyatlari yoʻq edi. Bobomning oʻqib berganlari — Hadis, uning davomi ham bor edi: «Dushmaningga ham yengilroq adovat qilginki, kuni kelib, doʻst boʻlib qolishi ham mumkin...»
— Ular doʻst boʻlmaydilar.
— Vaqti kelib senga yaqin boʻlishadi.
— Hech qachon! Men ularni oʻla-oʻlgunimcha kechirmayman.
— Bobomning gaplarini unutma: musulmon kechirimli boʻlishi kerak.
— Yoʻq! Ular musulmonning ishini qildilarmi? Ular musulmonmi? Yoʻq, kechirmayman!

Akasi oʻshanda xoʻrsingan edi...

Keyin...

Keyin oʻqishni tashlaganida ham tun boʻyi suhbat qurgan edi.
— Sen oʻzingcha adolat topmoqchimisan? — deb soʻragan edi akasi.
— Topaman, aka.
— Yoʻq narsani topish mumkinmi?
— Dunyoni faqat zulmat qoplamagan-ku, yorugʻlik ham bor-ku?
— Sen oʻzingni oʻzing nobud qilasan.
— Hamma oʻzini olib qochaversa nima boʻladi?
— Sen tanlagan yoʻlda yuholar bor. Ilonni yutib, dumini koʻrsatishmaydi. Sen shunday boʻla olasanmi?
— Mening yoʻlim boshqa.
— Qoʻy ham, boʻri ham bolaligida ona sutini emadi. Soʻng... ulgʻaygach, biri oʻt yeydi, biri esa uning goʻshtini... Boʻri qoʻyxonada ulgʻaysa oʻt yeydimi? Zinhor!
— Men... boʻrimanmi?
— Yoʻq, qoʻysan. Boʻrilarga maysaning ta’mi yaxshiligini oʻrgatmoqchisan... Ehtiyot boʻl...

Dil dogʻlangan, bardosh bogʻlangan damlar. Turmaning bir kishilik zax xonasi. Oʻlimtik chiroq xira nur taratadi. Tunmi, kunmi, bilib boʻlmaydi.

Yolgʻizlik saltanatining asiri — Zohidning ruhlari kishanlangan.

Oʻzining bu yerga kelib qolishi sabablarini axtaradi.

Akasi bilan boʻlgan xayoliy suhbatlari yodiga tushadi, tushaveradi.

Soʻng...

Tashqarida sharpa eshitildi.

Keyin eshik sharaqlab ochiladi. Ana shu sharpa, ana shu sharaqlash yolgʻizlik saltanatini mahv etadi. Soʻng ovoz:
— Sharipov, chiqing.

Chiqing... qayoqqa chiqadi? Soʻroqqami? Kim soʻroq qiladi, oʻsha ajinami?

Soʻroq xonalarini chetlab oʻtishdi. Buyumlarini qaytarishdi.
— Ozodsiz.

Buncha sovuq ohangda aytdi bu shirin soʻzni...

Tashqariga chiqdi: oftob bulut bilan hanuz olishadi. Kechasi bir sidra yoqqan qorni ushlab qolgan daraxt shoxlari vazmin chayqaladi. Oftob moʻralagan paytda qor zumrad kabi yaltiraydi.

Osmondagi yulduzlar Yer yuzini charogʻon etolmagani kabi bu manzara uning koʻngliga chirogʻ yoqa olmadi. Oʻzi bunda, ozodlikda boʻlsa ham ruhi hali ham bir kishilik qamoqda edi...

U koʻchada turib, qayoqqa borishni oʻyladi. Bir koʻngli prokurorga kirib «Xodimlaringizni shunday xor qilib qoʻyasizlarmi?» deb janjallashmoqchi ham boʻldi. Keyin bu fikrdan qaytib, Said Qodirovning huzuriga yoʻl oldi. «Har qalay meni ogohlantirgan edi, bir narsani biladi u», deb oʻyladi.
— Keling, sizni kutib turgan edim, — dedi Said Qodirov uni qarshilab. — Hozir safarga ketishim kerak. Men hammasidan xabardorman. Siz mendan «Nega bunday boʻldi?» deb soʻramang. Men deyarli bilmayman. Bilganim: Namozov Krasnoyarskga qonunsiz ravishda vagonda vino yuborgan. Moskva buni qanday ilintirdi — xabarim yoʻq. Farazimcha, toʻdalarning ichki nizolari aks-sadosi boʻlsa ehtimol. Balki Hosilboyvachchaning oʻlimi ham shu bilan bogʻliqdir.
— Xoʻp, endi nima qil deysiz?
— Ishingizni davom ettiravering. Sizni hech kim ishdan chetlatgani yoʻq. Xoʻjayinlaringizga qovoq-tumshuq qilmang. Bu ishlarda ularning qoʻllari yoʻq.
— Men bir fursat topib Elchin bilan suhbatlashsam, devdim.
— Nega?
— Uni taniyman. U menga yaqinroq bir odamning oshnasi edi.
— Hozircha bu ishga aralashmang. Oʻrtoqlar oʻrganishyapti.
— Unda voqeaga guvoh boʻlgan odamingiz bilan ikki ogʻiz gaplashsam.
— Hozir emas.
— Unda mening nima keragim bor oʻzi?
— Siz prokuratura tergovchisisiz. Oʻz ishingiz bilan shugʻullaning. Vaqti kelganda bizga faol ravishda qoʻshilasiz. Hozircha kuzating, tahlil qiling.

Said Qodirov «gap tamom» deganday oʻrnidan turdi.

U «Ishingizni qilavering», degani bilan, ishxonasiga borishga oyogʻi tortmadi. Taksi toʻxtatdi-da, Hamdam Tolipovni qoralab ketdi. Baxtiga Hamdam ishxonasida ekan. Sigaret burqsitib, yozuv mashinkasiga muk tushganicha bittalab harf terardi.
— Ie, kel, prokuror. Kecha tushimga kiruvding. Buni qara, oʻzing kelib turibsan. Tushimda senga orden berishibdi. Asadbekni oʻtqazib qoʻygan boʻlsang kerak-a?
— Piching qilmang, aka, oʻzi yurak siqilib turibdi.
— Pichingmas, rostdan koʻrdim. Nima boʻldi, oʻtir.
— Hamdam aka, shu ishingizni hozir qilishingiz shartmi?
— Dardingni aytaver.
— Ichmoqchiman.
— Gap yoʻq. Ketdik, — u shunday deb kurtkasini kiydi.

Hamdam «Prokuror qittak-qittak otib dardini aytmoqchi», deb yanglishdi. Zohid boʻkib ichdi. Oqibat Hamdam uni uyigacha opichib chiqib, yotqizdi. Ertalab shampan vinosi olib kelib sabuhiy qildirib, oʻziga keltirdi. Zohid bu kun ishga bormadi, yerparchin boʻlib yotdi.

2

Prokuratura tergovchisi Zohid Sharipov bugun ham koʻchaga chiqqisi kelmadi. Shartta qishloqqa joʻnavormoqchi boʻldi. Lekin Botirov taqdiri yodiga tushib, fikridan qaytdi. «Bir kun beayb oʻtirganimda koʻzimga dunyo teskari boʻlib ketdi. U bechora shuncha yildan beri — azobda», deb oʻylab, yuvinib-tarandi-da, qoʻshni tuman milisaxonasiga qarab ketdi. Ikki qavatli milisaxona binosi oldi baland temir panjara bilan oʻralgan, beton ariqqa qalin tunukadan qoplama qilingan edi. Bu hol nodon kimsaning sogʻlom tishlari ustidan jez qoplama qildirishiga oʻxshardi.

Zohid bu yerga Hamdam Tolipov «Ishkal» deb atagan tergovchini izlab kelgan edi. «Ishkal» laqabli bu odam xonasida ekan. U baland boʻyli, ozgʻin, qirra burunli, ogʻzi katta odam edi. Ogʻzi kattaligidanmi gapirganda tupuk sachratardi. U Zohidning maqsadini eshitib, dabdurustdan sansirashga oʻtdi:
— Xoʻp, nima demoqchisan?
— Ayrim narsalarni soʻrab bilmoqchiman.
— Men jinoyatchini tutib berganman. Uni sud qamagan, men emas. Qoʻlingdan kelsa sud bilan gaplash. Boshimni ogʻritma.
— Men prokurorning topshirigʻini bajaryapman,— dedi Zohid ovozini sal balandlatib, soʻng bu «Ishkal» bilan yaxshilikcha gaplashish qiyinligini bilib, ohangni oʻzgartirdi: — Men shahar prokuraturasining tergovchisiman. Koʻchadan kelgan mishiqi bola emasman. Marhamat qilib, meni sensiramang. Savollarimga esa toʻla va aniq javob bering. Agar bu yerda gaplashishni istamasangiz, marhamat prokuraturada gaplashaylik.
— Endi uka, mendan ranjima, shu yoshga chiqib, oʻzimdan kichiklarni sizlamaganman. Sizlay olmayman, xafa boʻlma, — deb bir oz pasaydi «Ishkal».— Endi bu ishni topshiribdi, deb hovliqaverma. Qamalganlarning hammasi «begunohman» deb ariza yozadi.
— Qizigʻi shundaki, u ariza yozmagan.
— Unda nega boshni qotirasan?
— Arizani jabrlanuvchi yozgan. Zoʻrlagan u emas edi, deyapti.
— Gapiraveradi. Qilar ishni qilib qoʻyib, endi qiliq qiladimi? Menga qolsa, Botirovni qamamasdim. Toʻgʻri, zoʻrlamagan. Qizning oʻzi xohish bildirgan. Lekin baribir qonun degan narsa bor. Sovet hokimiyatida yashayotganiga shukr qilsin. Ilgarigi zamonlar boʻlganda toshboʻronda oʻlib ketardi.
— Toshboʻronga ham qozi hukm qilardi. Guvohlar tasdiq etsa, hukm qilinardi. Mirshabning aytgani bilan oʻldirilmas edi.
— Xoʻp, nima demoqchisan? Soʻraydiganingni soʻra, falsafa soʻqma menga.
— Jinoyatchini tanish marosimida qoidani buzgansiz.
— Nima qilib buzibman?
— Uchta yigitning oʻrtadagisi, kurtka kiygani, deb qizni ogohlantirgansiz.
— Adashib ketib boshqa bir bechorani koʻrsatmasin, dedim.
— Botirovning qoʻliga kishan solib ularning oldidan olib oʻtgansiz. Tanish marosimida ham kishanni yechib qoʻymagansiz. Oʻsha kuni qiz siz aytganday qilib, Botirovni koʻrsatgan. Keyin fikridan qaytgan.
— Uni qoʻrqitishgan yoki katta pul berishgan.
— Unisi ham, bunisi ham boʻlmasa-chi? Vijdoni yoʻl qoʻymagan boʻlsa-chi?
— Vijdon? U behayoda vijdon nima qiladi?
— Unday demang, qizingiz tengi...
— Sen qizimni oraga qoʻshma! — «Ishkal» shunday deb soʻkinib yubordi-da, titroq barmoqlari bilan sigaretni labiga qistirib, tutatdi.

Nikohning ertasiga uyiga qaytarilgan, shundan beri uchinchi er bilan yashayotgan qizini Zohid tilga olib, uning yarasini yangiladi. Bundan bexabar Zohid uzr soʻradi. «Ishkal» sigaretni burqsitib tutatgan holda asabiy ohangda dedi:
— Senga oʻgʻil bola gapni aytaymi: qoʻlingdan hech narsa kelmaydi. Botirov qamalishi kerak edi, qamaldi. Yuqoridan topshiriq boʻlgan.
— Qanaqa topshiriq?
— Ular jinoiy guruh tashkil qilishgan. Boshligʻi avariyada oʻldi. Bular qamaldi. Oʻshanda boshqa chora yoʻq edi. Balki hozir... zamon oʻzgardi. Eplasang, chiqarib yuborarsan.
— Demak, u aybsiz?
— Men unday demadim. Senga... hazillashdim. Bor endi, boshimni ogʻritma.

Ikki odam yerga baravar qaraganda biri koʻlmakni, ikkinchisi esa oʻsha koʻlmakdagi quyosh aksini koʻradi. Hozir «Ishkal» bilan Zohid shunday holda edilar.

3

Zohid Botirovni yana soʻroqqa chaqirishdan oldin Ne’matilloh allomaning yurtiga borib kelishni lozim topdi. Avval Botirov tasvirlab bergan yoʻl boʻyicha qabristonni topdi. Botirov yoʻlni shu darajada aniq tasvirlagan ediki, Zohid shaharda ilk bor boʻlishiga qaramay birovdan «Qabriston qaerda?» deb soʻramasdanoq topdi. Keyin keng yoʻl, soʻng oʻngga burilgan tor yoʻl. Nihoyat... taxtasi olib tashlangan oʻrindiq.

«Oʻtirib Qur'on oʻqishmasin, deb sugʻirib tashlashgan...»

Botirovning gapini eslab gʻashlandi. Masjid, mozorlarga hujum boshlangan paytni yaxshi biladi.

Paytavafahm rahbarlardan chiqqan «aql»ni maydaroq rahbarlar bayroq qildilar. Kommunist farzandlar ota-onalarining janozalaridan qochdilar. Umri ibodat bilan oʻtgan ota-onalar qizil qutiga solib koʻmildilar. «Olloh» deydigan tillar qirqilish darajasiga yetdi. Qariyalar «Voy tavba, Stalin ham bunday qilmagan edi», deb ajablandilar. Zohid eslaydi: bir kuni ustozi Habib Sattorov ham zorlanib qoldi. «Qanaqa zamon oʻzi bu, otamning qabriga borib gul qoʻya olmasam? Arafa kuni kechqurun borsam ham poylab yurishibdi». Shunda Zohid bir oz achchiqlanib: «Siz nimadan qoʻrqasiz? Kommunist boʻlmasangiz, boshliq boʻlmasangiz», degan edi.

Oʻsha yaqin oʻtmishdan taxtalari sugʻurib olingan oʻrindiqning temir oyoqlari yodgorlik boʻlib turibdi. «Ajoyib yodgorlik, — deb oʻyladi Zohid. — Faqat bitta lavha yozib qoʻyish kerak: «Bu oʻrindiq falonchi raykomning ahmoqligi tufayli buzib tashlangan...»

Zohid qabr toshlaridagi yozuvlardan «Ne’matulloh» nomini izladi. Atrofda somonsuvoq qilingan qabrlar ham koʻp edi. Botirovning gapi boʻyicha shularning birida Ne’matulloh alloma yotibdi. Zohid goʻrkovni topib oʻzini tanishtirdi-da, daftarini olib chiqishini iltimos qildi. Soʻng oʻsha temir oyoq — yodgorlik yoniga qaytib bu qabrlarda kim yotganini surishtirdi. Goʻrkov bir daftardagi, bir qabr tepasidagi raqamlarga qarab ayta boshladi. Toʻrtinchi qabrni esa daftarga qaramayoq aytdi:
— Bunda rahmatli Ne’matulloh alloma madfunlar.
— Aniq bilasizmi?
— Shunday odamni bilmay boʻladimi?
— Qabrni siz qaziganmisiz?
— Ha, men.
— Oʻsha kun esingizdami? Quyosh charaqlab turganmidi yo shamolmidi?
— Qishda edi... Avval rosa yomgʻir yogʻdi. Yerning atalasi chiqib ketdi. Lekin Xudoning qudratini qarangki, goʻr qaziyotganimizda devor uvalanmadi. Devori xuddi suvoq qilinganday silliq chiqdi. Lahad kavlayotganimda tepadan bitta kesakcha ham tushmadi. Bunaqasini men hech uchratmaganman. Mayitni olib kelishlaridan oldin maydalab qor yogʻdi. «Taborak» oʻqilayotganda oftob charaqlab ketdi. Bu ham Xudoning qudrati.

Goʻrkov Botirov aytgan gaplarni takrorlar edi. Bilmagan odam bular avvaldan kelishib olishgan deyishi ham mumkin edi.
— Allomaning Shokir Botirov degan shogirdi bormidi?
— Rahmatlining shogirdlari koʻp edi. Men ularni tanimayman. Oʻzlarini ham lahadga qoʻygach, kafanni ochganda koʻrganman. Yuzlaridan nur chaqnaganday boʻlib, hatto choʻchib tushgan edim.
— Mendan oldin ham birov shu gaplarni surishtirganmidi?
— Yoʻq... Shunga hayron boʻlib turibman-da.

«Ishkalning gapi toʻgʻriga oʻxshaydi, — deb oʻyladi Zohid. — Maqsad har qanday yoʻl bilan boʻlsa-da, qamash boʻlgan...»

Zohid goʻrkovning aytgan gaplarini yozdirib, imzo chekdirib oldi. Goʻrkov choʻchinqiragan edi, Zohid «Bu koʻrsatmangiz allomaning bir begunoh shogirdini qamoqdan chiqarishda asqotadi», deb tinchlantirdi. Keyin: «Zamon oʻzgardi, endi oʻrindiqlarni tuzatib qoʻymaysizlarmi?» deb tanbeh berdi.

Abdunabi qorini topa olmadi. U ham oʻsha kunlari hibsga olinib, uyidan «nasha chiqqani uchun» qamab yuborilgan ekan. «Ishkalning gapi toʻgʻri, — deb yana qayta iqror boʻldi Zohid. — Birvarakayiga olishgan. Lekin... Topshiriqni bajarishga shoshishganmi?.. Biri qizni zino qilgan, birida nasha... Namozxon odam qiladigan ish emas-ku bu? Ular uchun dindorlarni qamash ham, qabristondagi oʻrindiqlarni buzish ham bir xil vazifa edi. Hammasini bir xilda uddalaganlar...»

Zohid Botirovning koʻrsatmalariga kafil boʻluvchi yana ikki odam bilan uchrashgach, Ne’matulloh allomaning uyiga bordi.

Sochlariga oq oralagan, qaddi biroz choʻkkan, qalin qora qoshli, oltmish-oltmish uchlardagi kishi oʻzini «Ne’matullohning otasiman», deb tanitganda Zohid ajablandi. Chunki Ne’matulloh alloma haqidagi gaplarni eshitib, uni kamida ellik-oltmish yoshlardagi donishmand, deb oʻylagan edi.
— Oʻgʻlingiz necha yoshda edilar? — deb Zohid ajablanganini yashirmadi.
— Oʻttiz beshda edi, rahmatli, — dedi ota armon bilan. — Oʻlim-ku hammaning boshida bor-a, ammo mening armonim — bolamdan zurriyod qolmadi. Uylanadigan damlarida oramiz buzildi.
— Nega?
— Bu ham tergovga kerakmi, aytaymi?
— Men sizni tergov qilmayman. Oʻzingiz soʻz boshlaganingiz uchun qiziqib soʻradim.
— Ha, mayli, aytsam aytay, zora dardim yengillashsa. «Arpa-bugʻdoy osh boʻldi, oltin-kumush tosh boʻldi», deydigan zamonlar edi. Topar-tutarim, maishatim yaxshi edi. Lekin oʻshanda «halol topyapmanmi?» degan savol xayolimga kelmas edi. Ne’matjon maktabda a’lo oʻqir edi. Maktabdan keyin hujraga qatnab, A’loxon toʻramdan dars olar ekan, men buni bilmas ekanman. Men maishatda yurganimda oʻgʻlim oxirat saroyiga gʻisht qoʻyar ekan. Men uni Toshkentga olib borib, moliya institutiga bermoqchi boʻldim. Odam topib, haqini berdim. Shunday qilmasam ham boʻlardi, oʻz aqli bilan kira olardi. Ne’matjon masalalarini birpasda yechib qoʻyibdi. Darrov topshirmay, bir oz oʻtirganda domla tushmagur «ishlay olmayapti» deb oʻylab, yechilgan tayyor masalani berib, «koʻchirib oling», debdi. Oʻgʻlim oraga pul aralashganini bilib, masalani xato ishlab tashlab chiqibdi. Domla hayron, men hayron. Men pulga kuyishni istamayman, domla puldan quruq qolishni xohlamaydi. San-manga borib turganimizda Ne’matjon «Dada, bu pulni qaytarib olmang, u harom pul» dedi! Ogʻzim lang ochilib qoldi, deng. Oʻgʻlimning qanday odam boʻlganini oʻshanda bilibman. Uyga borgach, ota-bola orasida anchagina gap qochdi. Oxiri oʻgʻlim farzandlik odobi chegarasida chidab turolmadi. U yerga qarab turib, «Dada, siz bizga harom yediryapsiz, bu ishdan keting!» dedi. Bu gapni men hozir xotirjam aytyapman. Oʻshandagi holimni tasavvur qilib koʻring: koʻzimga qon toʻldi. Es-hushimni yoʻqotdim. «Koʻzimdan yoʻqol!» deb baqirdim. Bitta koʻylak-shimda chiqib ketdi bolam, boyaqish. — Ota shu yerga kelganda bosib kelayotgan yigʻini qaytarish uchun yutindi. — Oʻshanda men bir narsani bilmasdim. Oʻgʻlim Ollohga, men esam shaytonga imon keltirgan ekanman. — U yana tin oldi. Soʻng armon ummonida suzib, gapini davom ettirdi. Zohid uning soʻzlarini boʻlmay, jimgina tingladi. — Luqmoni Hakimdan soʻragan ekanlar: «Odam zotiga qaysi illatlar ziyon keltiradi?» Luqmoni Hakim javob beribdilar: «Odam zotiga yarashmaydigan illatlarning eng birinchisi — manmanlikdir, uning oqibati — zavol bilan tugaydi. Ikkinchisi — nodonlik. Bunday kishilarni hech kim odam qatoriga qoʻshmaydi. Uchinchisi — ta’magirlik. Bu illat inson zotini xoru zorlikka olib boradi». Menda shu uch illatning baridan bor. Bilasizmi, janoza kuni koʻchaga emas, mahallaga odam sigʻmay ketdi. Boʻlmasa oʻshanda odamlar janozadan qochadigan vaqtlar edi. Turnaqator odamlarga qarab men uyaldim. Bitta koʻylak-shimda chiqib ketgan oʻgʻlim odamlar orasida shu darajadagi e’tiborga erishgan ekan.
— Oʻsha boʻyi koʻrishmagan edingizmi?
— Yoʻq, koʻrishardik. Uyga tez-tez kelib turardi. Farzandlik odobi chegarasida turardi. Lekin... uyda ovqat yemasdi. Bundan achchiqlanardim. Bizni onasi murosaga keltirib turardi. Bolam dunyodan oʻtguncha peshonam bir marta sajdaga tegmadi. Hech boʻlmasa oxirgi kelishida yonida turib namoz oʻqisam edi... koʻngli togʻday koʻtarilarmidi? Mendan rozi boʻlib ketarmidi... Toʻgʻri, jon berish oldidan «Ota-onamdan roziman», debdi. Lekin behisob armonim bor... Qiyomatda koʻrishamiz, u jannatga, men esa doʻzaxga ketar chogʻimizda koʻrishamiz, ana oʻshanda men uning koʻziga qanday qarayman? Men bolamni uydan haydaganimda oʻzimni doʻzaxga hukm qilgan edim...

Shu yerga kelganda ota chidab turolmadi. Kipriklari yosh selini toʻsa olmadi. u uzr soʻrab oʻrnidan turib, hovliga chiqib ketdi. Oʻn-oʻn besh daqiqadan soʻng qaytib, yana uzr soʻradi.
— Prokurorman deysiz-u, hech unaqa odamga oʻxshamaysiz. Nima uchundir sizga yorilgim keldi. Bir nima soʻramoqchi boʻlsangiz, tortinmay soʻrang.

Zohid maqsadini aytgan edi, otaning yuzlari yorishdi. «Oʻgʻlimning eng sodiq, eng iqtidorli shogirdi edi. Gʻassolning yonida oʻzi boʻlgan», deb gapirib, aytganlarini yozib ham berdi.

Zohid safari unumli boʻlganidan quvonib, iziga qaytdi.

XVI bob

1

«Vaqt — qilichdir. U seni har kuni qiymalar. To qiymalab tamom qilguniga qadar sevib qolishga ulgur».

Zaynab ulgurolmadi. Muhabbat — qamoq. Muhabbat— qiynoq. Uning qalbi muhabbat omburiga bandi edi. Uning azobidan qutulish qiyin edi, qutula olmadi. Uning avval umidini boʻgʻizladilar — suymaganiga uzatdilar. Buning uchun kimni ayblashni ham bilmaydi. Oʻzining laqmaligi tufayli oʻgʻirlanishinimi yo otasinimi?.. Zaynab Elchinning maqsadini keyinroq fahm etdi. Fahm etsa-da, uni kechira olmadi. Ayniqsa, Jamshid «oʻldirilganidan» keyin undagi soʻnggi umid choʻgʻi ham soʻndirildi. Gʻamli kechalarda ohining quyuni osmonni oʻrnidan qoʻzgʻotay dedi. Koʻz yoshlari selining ajdahosi yer yuzini yutib yuborayozdi.

Hammasi befoyda...

Hatto...

Uning chiroyli boʻyniga mahtal boʻlgan sirtmoq ikkinchi marta dogʻda qoldi.

Balki...

Deydilar-ku, «Baxt vodiysiga baxtsizlik sahrosidan oʻtib boriladi. Shunday qilinmasa baxt vodiysiga yetgani bilinmay qoladi».

Uning baxt vodiysiga yetib bormogʻi mumkinmi oʻzi?

Baxt nima oʻzi? Baxt bormi bu dunyoda? Baxtning hidi, rangi bormi? Uni kim tatib koʻribdi? Shirin narsaning hammasi baxt boʻlaveradimi? «Baxt nima?» degan savolga kim toʻgʻri javob bera olgan?

Avvallari baxtni turlicha tasavvur etardi. Hozir tafakkurida baxt degan tushuncha umuman surib chiqarilgan.

Atir idishining qopqogʻi ochilib qolsa, hidi uchib ketadi, qadri yoʻqoladi. Ayolning nomusi ham shunday...

Biron bir ayol xiyonat koʻchasiga kirsa, eridan (Xudodan emas!) qoʻrqadi. Oilasi buzilishidan choʻchiydi. Oʻynashining bagʻridan chiqib, bolachasini bogʻchadan olib, eriga shirin taom tayyorlab oʻtiradi. Zaynab u toifadan emas. Eridan ham, oilasi buzilishidan ham qoʻrqmaydi. Unda qoʻrquv yoʻq, nafrat bor. Nafrat oʻqi birovga emas, oʻziga qaratilgan.

Ajab hol: suygani bilan xayolan quchoqlashsa, jingalak sochlarini suyib silasa... ham oʻzidan oʻzi uyalardi, ba’zan ojizona boʻlsa-da nafratlanar edi. Keyin xayolidagi holati oʻngida sodir boʻldi... Oʻsha suygilisi bilan emas, butunlay begona bilan...

Aytadilar-ki, fohishalar hayotida uch marta uyalar ekan: dastlab shu yoʻlga kirganda, ikkinchi marta pul olishida, uchinchi marta esa qarigan chogʻida yosh xushtoriga pul berganida...

Zaynab uchun uyatga oʻrin yoʻq, unda nafrat bor. Uning yoʻli fohishalar yoki eriga xiyonatkorlar yoʻli emas. Uning yoʻli — nafrat yoʻli. Unda mehr chechaklari oʻsmas. U oʻtib kelgan muhabbat soʻqmogʻini esa sassiq alaflar bosib koʻzdan yoʻqotdi.

Yosh juvon muhabbatdan uzoqlashsa — yomon...

Jamiki erkak zotiga nafrat bilan qarasa — yomon...

Dunyodan yolgʻiz oʻtishni maqsad qilib qoʻysa — yomon...

Zaynab yolgʻiz azob chekardi. Yonida tirik jon boʻlishini istamasdi. U hatto Chuvrindining xotinini ham sigʻdirolmay qoldi. Uning mehribonliklari ham yoqmadi. U ketgach, bir oz yengillashganday boʻldi, ammo bir necha soatdan soʻng yolgʻizlik zulmati uni battar eza boshladi.

Xayolim chalgʻirmikin, degan maqsadda televizor qoʻydi. Televizorda qoʻshiq aytayotgan qizning tasviri koʻrindi. Qizning koʻzlari ma’yus boqardi, ashulasi ham hazin edi:

Xazon boʻlgan bogʻda gul soʻlarmikin...

Soʻlgan gulga bulbul kep qoʻnarmikin...

Qoʻshiqdagi nola Zaynab yuragining faryodiga hamohang edi. Shu bois uni oxirigacha eshita olmadi. Televizor kanalini oʻchirib, videokasseta qoʻydi. Hind kinosini tomosha qila boshladi. Avval yaxshi koʻrib tomosha qiladigani endi gʻashini keltira boshladi. Aktyorlarning qiligʻidan jahli chiqdi. Yigit koʻz yoshlari toʻkayotgan qiz qarshisida ont ichayotganda gʻazabga minib, qoʻlidagi yoqib-oʻchirgich qutichani otdida, hovliga chiqib ketdi.

Hovlida dovdir odam kabi nima qilishini bilmay gangib turdi. Sovuq shamol esib oʻrik shoxlarini tark etgisi kelmayotgan barglarni bandidan uzib, toʻzitdi. Kecha Chuvrindining xotini supurib-sidirib ketgan boʻlsa-da, hovli necha haftadan beri supurgi koʻrmaganday holatda edi. Zaynab oʻzini ovutish maqsadida supurgini qoʻlga oldi. «Koʻcha ham bir balo boʻlib yotgandir», deb avval koʻchadan boshlamoqni niyat qilib, darvoza eshigini ochdi.

Zaynab supura turib, uch-toʻrt xonadon naridagi simyogʻochga suyanganicha sigaret tutayotgan yigitga koʻzi tushdi. Uning oʻzi tomon qarab-qarab qoʻyayotganidan shubhalandi. Koʻchani chala-yarim supurib ichkari kirdi-da, eshikni qulfladi. Keyin «qoʻshnilarnikiga kelgan odamdir», deb oʻylab oʻzini ovutdi. Hovlini supurgan boʻldi. Oʻzi topgan bahona oʻzini ovuta olmadi. Toʻplangan axlatni chelakka soldi-da, eshikni ochib, koʻchaga chiqdi. Chiqdi-yu, oʻgʻrincha qaradi: yigit turibdi. Sal narida mashina ham paydo boʻlgan. Zaynab qoʻlida olib chiqqanini qator turgan axlat toʻla chelaklar yoniga qoʻydi-da, tez iziga qaytdi. Eshikni qulfladi. Yuragi qoʻrquvdan dukillab ura boshladi. Eshik yaxshi qulflandimi, deb tortib koʻrdi. Soʻng shoshganicha uyga qaytdi-da, boloxonaga telefon qildi. Adasi yoʻqligini biladi, Asadbek tabibnikiga ketayotib, qizini yoʻqlagan. Bir necha daqiqalik yoʻqlovda koʻp gap aytolmadi: safarga ketayotgani, qaytgach Zaynabni Olmoniyaga toʻyga yuborajagini aytib, «Yolgʻiz koʻchaga chiqma», deb tayinladi. Hozir raqamlarni terar ekan, «Adam bir nimadan xavotirlangan ekanlar-da», deb fikr qildi. «Balki qaytgandirlar», degan niyatda otasini soʻradi. «Bek akam safardalar», degan javobni eshitgach, Mahmud akasini soʻradi-da, ayni javobni oldi. Shundan soʻng «Tezda Haydar akamni topib aytinglar: uyimiz atrofida gʻalati odamlar yurishibdi», dedi. Telefondagi yigit «gʻalati odamlar»ga tegishli ayrim savollarni soʻrab bilgach, «Eshikni hech kimga ochmang», deb tayinladi.

Yarim soatlardan soʻng eshik qoʻngʻirogʻi ketma-ket jiringladi. Chaqiruvchi bunga qanoat qilmay, darvozani taqillatdi. Zaynabning esxonasi chiqib, oʻrnidan qimirlay olmay qoldi.

Ajab hol: yaqindagina oʻlimdan qoʻrqmagan, oʻziga oʻzi sirtmoq yasagan juvon notanish kimsalarning tashrifidan qoʻrqib oʻtirsa...

U uydan chiqib, hovli oʻrtasiga yetganda qoʻrqib, yana toʻxtadi. Shunda tanish ovozni eshitdi:
— Zaynab qizim, menman, och.

«Haydar akam!»

Tez-tez yurib, eshikni ochdi.
— Sen uyingga kirib tur, qizim, — dedi Kesakpolvon ostona hatlab.

Uning vajohatini koʻrib, Zaynab choʻchidi, salom berishni ham unutdi. Kesakpolvon ham «Menga salom bermadi-ya?» deb oʻylamadi. Hozir uning xayoli boshqa muhimroq masala bilan band edi. Shu sababli buyrugʻini takrorladi.
— Sen uyingga kirib tur. Bizning hammomda qiladigan ishimiz bor.

Zaynab xoʻp, deb iziga qaytdi. Zinadan uyiga koʻtarilar mahalida beixtiyor orqasiga qarab, ogʻzi-burni qon, qoʻllari orqasiga qayrilgan yigitlarni koʻrib yuragi uvishdi. Uyga kirib «Shular yuzini yuvsa kerak», deb oʻyladi. U bir necha kun muqaddam «Yalta» muzokarasi boʻlgani, bu muzokarada Hosilboyvachchaning ayrim yigitlari qatnasha olmaganidan bexabar edi. Krasnoyarga Kozlov izidan ketgan bu yigitlarni Chuvrindi kutib olishi zarur edi. U Moskvaga ketib, bu vazifa unutildi. Oqibatda bu yigitlar Xongireyning vakili ixtiyoriga oʻtib, uning topshirigʻi bilan poyloqchilik qilishayotgandi. Bundan ikki maqsad koʻzlangan edi: biri — Kozlov shu yerga ham kelishi mumkinligi boʻlsa (buni haqiqatdan yiroqligini oʻzlari ham bilishadi), ikkinchisi — asosiysi — Zaynabni poylash, buyruq berilsa, garovga olish. Bu maqsadning amalga oshuvi koʻp jihatdan Moskvadagi muzokaralarga, Xongireyning qaroriga bogʻliq edi. Zaynab garovga olindi, degan gap— urush boshlanishidan darak. Urush esa koʻp qurbonlar berilsa-da, magʻlubiyat bilan tugashi aniq. Zaynabning baxtiga, ha-ha, baxtiga Xongirey urushni ixtiyor etmadi.

Hammomda davom etgan «Yalta muzokaralari»ning xulosasi shu boʻldiki, Hosilboyvachchaning yigitlari poyloqchiliklarini davom ettiraveradilar. Ulardan birining oʻgʻli, birining ukasi, yana birining singlisi garovga olinadi... Agar Zaynabning bir tolagina sochi toʻkilsa...

Kesakpolvon aynan shunday dedi:
— Agar Zaynabning bir tolagina sochi toʻkilsa...

Shundan keyingina yuvinib olishga ijozat etildi.
— Men ruxsat bermagunimcha hammomdan qimirlamalaring, — deb Kesakpolvon Zaynabning yoniga chiqdi.
— Doʻngi qizim, tez narsalaringni yigʻishtir, biznikiga borasan. Gʻalamislarning koʻnglida shumlik bor. Ziyraklik qilibsan. Yura qol, oʻrtogʻing ham uyda. Zerikmaysan.

Zaynabning peshonasi sal doʻng boʻlgani uchun Kesakpolvon uni bolaligidan «Doʻngi qizim», deb erkalardi. Hozir ham erkalab gapirgani uchun Zaynab ortiqcha savol berib oʻtirmadi. Bir sidra kiyimlarini olib, tayyor boʻldi.

Zaynabning oʻrniga bu uyda Kesakpolvonning yigiti qoldi.

Hosilboyvachchaning yigitlari esa Zaynabning «bir tolagina sochi toʻkilishidan» qoʻrqib, poyloqchilikni davom ettirishdi.

2

Asadbekning xastaligini bilgandan beri Kesakpolvon oromini yoʻqotdi. Uzoq yillar mobaynida yelkama-elka turgan doʻstining birdan yoʻqlik dunyosiga ketishi Kesakpolvonday bemehr odamda ham ikki turdagi tashvish uygʻotdi. Biri yaqin insondan ayrilish tashvishi boʻlsa, ikkinchisi (muhimrogʻi) uning oʻrnini egallash. Kesakpolvon mana shunga tayyor emasdi. Aniqroq aytiladigan boʻlsa, u oʻzini Asadbekdan keyingi mutlaq hokim deb hisoblardi. «Chuvrindi ukaginasi»ning ulgʻayib, hokimlik darajasiga yetganligini shu paytgacha fahm etmagan edi. Nazarida «Chuvrindi ukaginasi» — u nima desa «xoʻp» deb turadigan moʻmin bola edi. Asadbekning tobora unga suyanishi, ayniqsa, keyingi voqealar uning koʻzlarini ochdi, hushyor torttirdi. Ana oʻshanda u yana bir narsani oʻzi uchun kashf etdi: oʻylab qarasa, Asadbekdan hukmronlik jilovini olishga tayyor emas ekan. Bu oʻrinda gap faqat uning ish yuritishi ustida ketayotgani yoʻq. Ish yuritishni bip-binoyi eplaydi. Eng muhim gap— yonida kimlarning boʻlishida, ya’ni ishonchli, sadoqatli odamlarda! Endi «Chuvrindi ukaginasi»ni hisobga qoʻshmasa ham boʻladi. Asadbek uni merosxoʻr, oʻz mamlakatining valiahdi sifatida koʻrishni istasa, «Chuvrindi ukagina»si bu istakning ta’midan bahramand boʻlsa, tamom, u el boʻlmaydi. Hokimiyatni Kesakpolvon qoʻlga olgach, «ukaginasi» — bay'at bergan taqdirda ham unga ishona olmaydi. Endi Jamshid ham gumon ostida. Avvalo Jamshid Xongirey xizmatida doimiy qoladimi yo vaqtincha yuribdimi? Kelgan taqdirda ham «Chuvrindi ukagina»si «Bek akamdan seni men qutqarib qoldim», deb ishontirgan boʻlsa-chi? Jamshid unga ishonadi. Chunki u bu toʻdaga Kesakpolvonning «Chuvrindi ukagina»si orqali kirgan... Toʻgʻri, Kesakpolvonning sodiq yigitlari bor, bu yoqda Xumkalla, yana Hosilboyvachchaning yigitlaridan Ramz... Bular bir ishni qoyillatib bajarishi mumkin, ammo uning yonida a’yon darajasida tura olishmaydi.

Kesakpolvonning tashvishi mana shunda. Yursa ham, tursa ham shuni oʻylaydi.

Hosilboyvachchaning poyloqchi yigitlarini qoʻlga olishi u turgan tarozi pallasini bir qadar ogʻirlashtirdi, oʻz ta’biri bilan aytganda, oshigʻini olchi turgʻazdi. Bir tomondan Asadbek oldida tili uzun boʻldi: axir qizini saqlab qoldi-ya!

Eng muhimi...

Eng muhimi, oʻziga maslakdosh, a’yon topganday boʻldi.

U oʻzining kelajagini oʻylaganida Zaynabni hisobga qoʻshmagan edi. Chunki Zaynab uning uchun hali ham doʻng peshona qizaloq edi. Keyin oʻylab qarasa, otasi oʻrniga Zaynab ham da’vogar boʻlishi mumkin. Bu— Kesakpolvon uchun muddaoning oʻzi. Xuddi shoh oʻlganda voyaga yetmagan valiahd yonida turgan vazir kabi mamlakatni boshqaraveradi. «Chuvrindi ukagina»si qulogʻini ushlab qolaveradi.

Kesakpolvon Zaynabning bir yil ichida koʻrgan-kechirganlarini batafsil bilmasa-da, koʻp narsalardan xabardor, ba’zilarini sezadi, ayrim narsalarni taxmin qiladi. Gʻilay Shomil dastlabki uchrashuvda aytishni istamagan boʻlsa-da, Moskvaga joʻnashidan avval uch-toʻrt daqiqa yolgʻiz qolishganida Hosilboyvachchaning oʻlimiga sababchi voqeaning bir ulushini aytib, boyvachcha oʻldirilgan kecha maishat qilishgan uy bekasini himoyalashini soʻradi. «Mardona menga kak xotin. Undan bitta bolam bor. Asadbek uni oʻldiradi. Menga bir narsa boʻlsa, uni asrang», deb iltimos qildi.

Zaynabdan foydalanish fikri Kesakpolvonda oʻshanda tugʻildi.

U hali Zaynabning ahdini, nafrati mavjudligini bilmas edi.

Avval nafrat uygʻotmoqchi boʻldi. Nafratni uygʻotish uchun esa... otasining ahvolidan ogoh etmoqchi, soʻng esa otasining ishlariga aralashmoqqa da’vat etmoqni fikr qildi.

Uyga kelgach, kuzatdi: Zaynab uning qizi bilan ochiq-sochiq gaplashmadi. Asli ismi Mohiniso boʻlsa-da, oʻziga oʻzi Monika deb nom qoʻyib olgan bu qizning yoshi Zaynabdan kattaroq, boʻydan ham, aqldan ham otasiga tortgan edi. Ikkita bola koʻrganiga qaramay oʻzini oʻn olti yoshli qizaloq his etardi. Kiyinib yurishlari shundan dalolat edi. Kesakpolvonni, uning qizini bilgan odamlar «Haydar aka qizini kuyovga uzatmadi, aksincha bir lapashangga uylantirdi», deyishardi. Mish-mishlarga qaraganda, ikki bolaning otasi aynan shu kuyov toʻra ekani ham gumonli hol edi.

Kesakpolvon Zaynabga «Oʻrtogʻing ham uyda» deganida «kecha» yoki «bugun keldi» demadi. Chunki qizi uzzukun shu oʻz uyida edi. Kechki payt eri kelib olib ketardi. Uyga borgisi kelmaganida esa u «mazam yoʻq», deb qolaverardi. Er bechora shoʻltillab kelib, ovqatni yeb, shoʻltillab ketaveradi. Agar birorta sehrgar urgʻochisiga yetisholmay yurgan itga «Seni odamga aylantiraman, ammo shu kuyovday boʻlasan», desa oʻsha it koʻnmasa kerak.

Endi nima uchun Zaynabning Monikaga hushi yoʻqligi ayon boʻlgandir. Ochigʻini aytganda, Monika xonim ham Zaynabni uncha xushlamaydi. «Madaniyatsiz, qishloqisifat», deb burnini jiyirib qoʻyadi. Ammo bu qishloqsifat kimning qizi ekanini eslaganida jilmayib muomala qilishga majbur boʻladi.

Sochlariga jingalak qiluvchi taqinchoqlar osib olgan, sport kiyimidagi Monika xonim Zaynabga koʻzi tushishi bilan «topgan vaqtini qara», deb bir burnini jiyirdi-yu, lekin sir boy bermay YuZ yillik qadrdonini MING yil koʻrmay, sogʻina-sogʻina ado boʻlayozgan odamday quvonib, quloch yoyib qarshiladi.
— Voy Zaynabushka, jonim, asalim, — deb oʻpib koʻrishdi. — Kelganing yaxshi boʻldi, sartaroshni chaqirtiruvdim, senga ham prichyoska qilib qoʻyadi. Bunaqa klass sartarosh shaharda bitta.
— Rahmat, sochim oʻzi yaxshi, — dedi Zaynab, yuzini undan burib.
— Ti chto, hozir bunaqasi modniy emas.
— Oldin uyga olib kir, dasturxon yoz, keyin sochdan gaplashasan, — dedi Kesakpolvon, qiziga tanbeh berib.

Kesakpolvonning xotini ham oʻziga yarasha, oʻxshatmasdan uchratmas, degan toifadan edi. Boʻyi erinikidan ikki enlikkina baland bu ayol oʻzini dunyodagi hamma odamlardan ustunroq deb fahmlardi. Hatto opasi bilan koʻrishayotganda ham «Sen ham odammisan?» deganday bepisand qarab qoʻyish odati bor edi. Zaynab bilan koʻrishayotganda ham bu odatini kanda qilmadi. Manzura oʻzini kamtar olib yurgani, sodda boʻlgani sababli bu xotin Asadbekka yaqin odamlarning xotinlariga norasmiy qaynona ham edi. Barcha xotinlar unga qarab, titrab turishadi. Qarilikni boʻyniga olmayotgan bu xotin ham qiziga qoʻshilib barobar pardoz qilardi. Kesakpolvon xotini bilan yotmay qoʻyganiga necha yil boʻlgan, eslolmaydi. Xotin tushmagur esa pardozini qoʻymaydi. Er ham «Sen kimning koʻziga chiroyli, yosh koʻrinmoqchisan?» deb soʻramaydi. Bu xonadondagi xizmatchi ayol ertadan kechgacha ona-bolaning aytganlarini bajaraman, deb holdan toyib ketadi. Kesakpolvon oʻynash almashtirgani kabi bular xizmatchi almashtirishdan charchashmaydi. Toʻgʻrirogʻi, bularga xizmatchi chidamaydi. Agar birorta olim bularga temirdan xizmatchi yasab bersa, bu ham yarim kunda erib tamom boʻlsa kerak.

Salomlashish marosimidan soʻng tashrifdan «bagʻoyat mamnun» ekanliklarini bayon etishgach, dasturxon tuzogʻliq kichik mehmonxonaga boshladilar.

Zaynab bu xonadonga kam kelgan, ammo har kelganida uyning hashamlariga, bezaklariga mahliyo boʻlib boqib, «Nega adam shunaqalarga e’tibor bermaydilar», deb otasidan gʻoyibona oʻpkalanardi. Bu safar unday boʻlmadi — hashamlarga ham, toʻkin dasturxonga ham aytarli ahamiyat bermadi.

Kesakpolvon xotinini chaqirib, Zaynabning bir-ikki kun shu yerda turajagini tayinlab ketgach, dasturxon atrofidagi suhbat asosan kiyimlar olamidagi yangiliklar xususida boʻldi. Gap orasida Monika xonim faqat oʻziga xos fazilatni ham aytib oʻtishni unutmadi.
— Men lyuboy kiyimni bir marta kir boʻlgunicha kiyaman. Yuvib, dazmol qilingan kiyimning zapaxini terpet ne mogu. Eski kiyimlarimni internatga berayotuvdim. Tak kak savob ham kerak-ku, da, jonim, — deb Zaynabga murojaat qildi. Zaynab ensasi qotsa ham bosh irgʻab, «ha» ishorasini qildi. — Yangi direktorsha kelib, qabul qildirmabdi. Slishkom modniy emish. Bolalarga mumkin emasmish. Dopustim, oʻzing derevenshinasan, vkusing — nol! Qoʻyib ber boshqalarga. Endi bermayman, plevat qilaman men unaqa parazitga.
— Avvalgisining qiligʻini gapirib ber.
— Da, chut ne zabil, — dedi Monika xonim. Rus tilidan durust ilmi boʻlgan Zaynab uning erkakchasiga «zabil» deyishga gʻashi keldi. — Avvalgi direktorsha, bitta-ikkita platyamni berib, qolganini komissionkada sottirar ekan. Vot parazit-a?

Shu xildagi gaplar Zaynabning koʻnglini behuzur qildi. Yolgʻizlikni xohlab qolgan, hatto Chuvrindining xotiniday muloyim, mehribon ayolga toqat qila olmagan Zaynabni Xudo jazoga loyiq bilib, bularga roʻpara qildimikin, vallohi a’lam?

Dam oʻtmay xonaga sochlarini silliq taragan, xipchinday yigit kirib keldi.
— Zaynabushka, tanish asalchigim, bu Gogik, sartaroshmas, klass! — dedi faxr bilan.

Gogikning yarim ta’zim bilan uzatilgan qoʻli muallaq qoldi, Zaynab unga bosh irgʻab qoʻya qoldi. Gogikning dasturxon atrofida bemalol oʻtirishidan ma’lum boʻldiki, u oddiy sartarosh emas, balki bu uyning erka mehmonlaridan. Agar tuhmat va gʻiybat gunohi kabiralar sirasiga kirmaganida, biz bu gunohdan qoʻrqmaganimizda «Gogik shu qadar erka mehmonki, quvvati yetsa ona-bolani oldinma-keyin koʻnglini ovlab ham ketardi», demogʻimiz ham mumkin edi. Yana kim biladi, valadi zinoning oilasida, haromdan qaytmas odamning xonadonida bundan battar holat ham boʻlmogʻi mumkin emasmi?

Ikki kishining valaqlashiga arang chidab oʻtirgan Zaynab uchinchisi qoʻshilgach, toqat qila olmadi.
— Mazam yoʻq, dori ichib birpas yotadigan vaqtim boʻldi, — deb bahona qildi.
— Yur, mening kabinetimga, — dedi Monika xonim.

Dori masalasida Zaynab aldamagan edi. Monika xonimning xonasiga kirib narsalarini qarasaki, shoshilinchda dorini unutib qoldiribdi.
— Qoʻyaver, nichego strashnogo, — dedi mezbon. — Bir kun ichmasang ichmabsan. Charchagansan. Senga vidik qoʻyib beraman, koʻrsang nervlaring uspokoit boʻladi. Zoʻr seks bor, koʻramizmi?
— Yoʻq, yoʻq, — dedi Zaynab uni toʻxtatish uchun qoʻlidan ushlab. — Hecham koʻrmayman.
— Juda ham otstaliysan-da, asalchik. Obijatsya qilmaginu sen xuddi oʻn toʻqqizinchi vekning odamiga oʻxshaysan. Koʻzingni ochib qara: hozir yigirmanchi vek. Hamma koʻradi bunaqani. Bu idiotizm emas, bu— iskusstvo. Men buni bolalarimga ham koʻrsataman...
— Qoʻying, kerakmas, men koʻrmayman.
— Vot, durochka, kak xochesh. Boʻlmasa yotib, damingni ol. Postelim yangi, har kuni yangisi solinadi.

U shunday deb chiqib ketdi.

Zaynab turgan yerida turib qoldi. Uning choyshabi almashtirilgan oʻrniga qarab qoʻydi-yu, oʻtirishga ham irgandi. Haydar amakisiga ergashib kelavergani uchun oʻzidan oʻzi ranjidi. «Nima boʻlsa ham uyimda qolaverishim kerak edi», deb oʻziga oʻzi tanbeh berdi. Bu xonadondan chiqib ketishga bahona izlay bosh- ladi.

Chindan ham ayb oʻzida. Qoʻrquv aqli-hushini olib qoʻyib, amakisi «yur» desa yetaklagan yuvosh qoʻyday kelaverdi. Bu ona-bolaning bema’ni, beta’sirligini bilmasmidi?

Bilardi. Sartarosh Gogikdan boshqa hamma narsa, barcha qiliqlar unga ma’lum edi. Shunday ekan, birovdan oʻpkalanishga hojat yoʻq...

U xonada boʻzchining mokisiday u yoqdan bu yoqqa yuraverdi. «Haydar amakim kelsalar dorini bahona qilib ketaman», deb fikr qildi.

Kesakpolvon shomga yaqin keldi. Kechki ovqatni yeb boʻlishgach, u almoyi-aljoyi gaplarini boshlagan xotini bilan qiziga «Boshqa xonada oʻtirlaring», deb chiqarib yubordi. U boya Zaynabni uyiga qoʻyib chiqqanidan soʻng tayin bir ish bilan mashgʻul boʻlmadi. Balki, Zaynab bilan qay tarzda suhbat qurish rejalarini oʻyladi. Kesakpolvon «Agar shu fursatdan foydalanmasam, gʻirt ahmoq boʻlaman», degan qat'iy fikrda harakatini boshlashga ahd qilgan edi.

Hozir Zaynab bilan yolgʻiz qolganida gapni nimadan boshlashni bilmay taraddudlandi. U oʻz uslubiga xiyonat qilmagan tarzda «Adang kasal, tuzalmaydigan kasal, sen otangning oʻrnini egalla, men yoningdaman», desa ham boʻlaverardi. Uning daf'atan soʻz ocholmasligining ikki sababi bor: avvalambor dangal, qoʻpol gapi bilan uni hurkitib, choʻchitib qoʻyishi, ikkinchidan — nojoʻya gapini Zaynab otasiga aytishi mumkin. Ana unda ish rasvo boʻladi. Ana unda gazetachilar tili bilan aytilganda «Davlat toʻntarishiga urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi».

Kesakpolvonning jimligi koʻpga choʻzilmadi. Gapni uzoqdan boshladi.
— Adang Sibirda shamollab kelib, vaqtida davolanmadi, oʻjar-da, oʻjar. Ming marta aytdim unga, kasalxonaga yot, deb. Tabibga ketgani yaxshi boʻldi. Ishqilib, oʻsha yerdan tuzalib qaytsin.

Zaynabga bu gap gʻalati ta’sir etib, Kesakpolvonga yalt etib qaradi. U otasining yoʻtalib turganini bilardi, ammo tuzalmas xastalikka yoʻliqishi mumkinligini oʻylab ham koʻrmagan edi. Kesakpolvon undagi oʻzgarishni ilgʻasa-da, oʻzini sezmaganga olib, gapini davom ettirdi:
— Adangning kasali ogʻir. Adang oʻjar. Sal oʻtkazib yubordi. Yana kasalini hammadan yashirmoqchi. Men bilan Jalil amakingni qoʻyaver, sendan, onangdan ham yashirgan. Faqat Mahmud akang biladi. Men ham tasodifan bilib qoldim... Nimaga yashiradi? Nima, bitta u kasalmi? Tirik jon, hamma kasal boʻladi, yotib davolanadi. Men oʻsha tabibni qidirib topdim. Bu kasalni faqat oʻsha tabib davolar ekan. Doʻxtirlarning oʻzi ham tan berisharkan unga.
— Qanaqa kasal? — deb xavotir bilan soʻradi Zaynab.
— Bu shunaqa kasalki... — Kesakpolvon chaynaldi.— Gʻalati kasal, oti esimda yoʻq, ammo tuzalishi sal ogʻirroq ekanmi-ey...

U «Otangning kasali — rak» deyishga tili bormadi. Shunday boʻlsa-da, Zaynab uning dilidagi gapni uqib, birdaniga hoʻngrab yigʻlab yubordi. Kesakpolvon «Mayli yigʻlab, koʻnglini boʻshatib olsin», deb indamay oʻtirdi. Soʻng peshonasini, sochlarini siladi. «Doʻngi qizim», deb erkaladi. Zaynab sal ovunganday boʻlib, yoshli koʻzlari bilan unga boqdi. Iltijo qildi:
— Haydar amaki, jon amakijon, «Notoʻgʻri aytdim», deng. «Bilmasdan aytdim», deng. Axir bunday boʻlishi mumkinmas-ku?!
— Chindan ham bilmasdan aytdim, doʻngi qizim. Sen gapimni boshqacha tushunding shekilli. Adang tabibdan qaytsa, oʻzing ham soʻraysan. Faqat mendan bilganingni unga aytma. Qaysarligi tutsa, senga ham hech nima aytmaydi. Menga ishonmasang, Jalil amakingdan soʻra. U tabibga adang bilan birga ketgan. Endi sen bilan ikkita narsaga kelishib olishimiz kerak. Birinchisi, Manzura telpon qilsa, unga ayt, adangni kutmasdan toʻyni oʻtkazib, kelaversin. Katta toʻy shu yerda boʻladi.
— Nega endi? — deb ajablandi Zaynab. — Adam bormaydilarmi?
— Adang boradigan boʻlsa, Manzura bilan birga ketardi.
— Meni ham yubormoqchi edilar.
— Sen ham borma.
— Nega?
— Sening boshqa ishlaring bor. — Kesakpolvon shunday deb bir oz sukut saqladi. Zaynab «qanday ish ekan?» deb uning ogʻzini poyladi.
— Senga bu gapni hozir gapirishimning balki oʻrni emasdir. Lekin qachondir aytishim kerak. Oldinroq bilib qoʻyganing yaxshiroqmi, deyman. Sen faqat gapimni toʻgʻri tushungin. «Adam erta-indin oʻlib qolar ekan», deb vahima qilma. Lekin adang ham, men ham yana oʻn yil yashaymizmi, yuz yilmi, baribir bir kuni oʻtamiz. Oʻrnimizga esa kimdir qolishi kerak. Afsuski, mening oʻgʻlim yoʻq. Qizimdan esa bir ish chiqmaydi. Sen esa aqllisan, adangga oʻxshaysan. Akalaringdan ham umid yoʻq. Endi ular — olim. Bizdagi kooperativ-mooperativlarga, magazinlardan tushadigan choʻtallarga qarashmaydi. Adang juda koʻp ish qilgan. Bizning shuncha toʻplaganimiz sovrilib ketaveradimi? Sovrilmasligi uchun sen adangning qanotiga kir. Ishni oʻrgan, keyin sekin-asta ishni oʻz qoʻlingga ol! Shunga haqqing bor! Sen choʻchima. Yoningda men borman, Mahmud akang bor.

Zaynab bu gaplarni eshitib, hayratlandi. Chunki Zaynab oʻzini emas, dilidagi ma’suma, pok Kumushbibini, unga qoʻshib ishonchini, gardsiz e’tiqodini osgan kuni otasiga «Ularni oʻzimga qoʻyib bering!» degani shunchaki alam tutuni emas, qasos oʻtining yona boshlagani edi. Ne shodki, bu oʻtni alanga olishi uchun moy sepuvchi odam topildi. Zaynab necha kundan beri qasos yoʻliga qanday kirish, qanday jang qilishni oʻylardi. Uning yoʻlidagi birinchi qurbon Mardona boʻlishi kerak edi. Soʻng... Mardonani ishga solgan odamlar...

Zaynab mana shularni oʻyladi-da, Kesakpolvon uchun hech kutilmaganda:
— Xoʻp, amaki, — dedi.

Kesakpolvon bu gapni eshitib, nima deyishni bilmay qoldi. Chunki u Zaynabdan rad javobini kutgan, shunga yarasha gap tayyorlab qoʻygan edi. U bir necha nafas hukm surgan hayronlik iskanjasidan qutulib:
— Barakalla, doʻngi qizim, men senga ishongan edim, — dedi. Soʻng qoʻshib qoʻydi: — Koʻz yoshlaringni art. Asadbekning qizi yigʻlamasligi kerak... adangning kasalini eshitganlarning ba’zilari janozani oʻqishganga oʻxshaydi. Ularning janozalari oʻzlariga buyuradi. Men oʻzimning jonimni bersam ham, adangni saqlab qolaman. Jalil amakingga ham shunaqa deganman, soʻrab koʻr. — U bir oz sukut saqladi-da, keyin dadil ovozda davom etdi: — Bilmaganlar bilib qoʻyishi kerak: Asadbek oʻlmaydi! Ayniqsa, sen adangning yonida turadigan boʻlsang sira-sira oʻlmaydi!
— Aytganingiz kelsin, — dedi Zaynab koʻz yoshlarini artib.

Ayni damda bu dunyoning dastlabki soʻqmogʻida qoqilgan, hali hayotning past-baland koʻchalari, alamlari, sitamlaridan bexabar juvon bilan yovuzlik dunyosidagi yantoqzorlarni yalangoyoq kezib katta boʻlgan odam oʻrtasida gʻoyibona bitim tuzilayotgan edi. Kesakpolvon dastlabki alam-sitam tuzini totib, faryod urayotgan juvonni oʻz dunyosiga chorlayotgan edi.
— Doʻngi qizim, seni birov ranjitsa, men borman. Sening koʻz yoshing sira ham toʻkilmasligi kerak. Men boshingga tushgan kulfatlarni sal-pal bilaman. Endi bunaqasi boʻlmaydi.

Zaynab «Rostdan bilasizmi? Adam aytdilarmi?» deganday yalt etib unga qaradi. Bir oz uyalib, yuzi qizara boshladi. Lekin oʻzini tezda qoʻlga oldi: yigʻlashi mumkin boʻlmagan Asadbekning qizi uyalmasligi ham shart!
— Amaki, gapingiz rost boʻlsa, menga bir odamni topishga yordam bering, — dedi u qat'iy ravishda.

«Jamshidni aytadi shekilli? Jamshidning tirikligini bilarmikin?» — deb oʻyladi Kesakpolvon.
— Yordam berasizmi? — deb qayta soʻradi Zaynab.
— Albatta yordam beraman, ayt, kimni topib beray?
— Bir xotinni.
— Xotinni? Oti nima ekan?
— Mardona. Men kasalxonada yotganimda u hamshira edi.
— Mardona degin?.. — Kesakpolvon Gʻilay Shomilning Moskvaga keta turib aytgan gapini esladi. Uning nimadan xavotirda ekanini endi sal tushunganday boʻldi. — Mardonani nima qilasan?
— Uni... oʻldiraman! — shunday deb Zaynab mushtlarini siqdi.

Kesakpolvon uning vajohati oʻzgarganini sezib, ahdi qat'iy ekanini angladi. Bu ham uning uchun muddaoning oʻzi edi.
— Mardona kerak boʻlsa, topamiz-da, — dedi Kesakpolvon, soʻng oʻrnidan turib telefon goʻshagini koʻtardi-da, lozim raqamni terdi. Ayol kishining ovozini eshitgach: — Allo, Mardona, senmisan? — dedi. «Yoʻq, men singillariman», degan javobni eshitgach, «Opangni chaqir», dedi.

Buni eshitgan Zaynab hang-mang boʻlib qoldi. U «Mardona allaqachon qaysi bir shaharga qochib ketgan, uni bir oymi, bir yilmi qidirish kerak», deb oʻylardi. Xuddi tushda sodir boʻlganday bir daqiqada topilib tursa?.. Zaynab shunisiga tushuna olmadi. Umuman olganda, u toʻgʻri fikr yuritgan edi. Mardona boshqa shaharga joʻnashni ixtiyor etganda Gʻilay qoʻymadi. Avvaliga «Sen qoʻrqayotgan Asadbek bugun-erta iniga kirib ketadi», dedi. Keyin esa, Chuvrindi ixtiyoriga oʻtib imkon topolmadi. Shu sababli ham Kesakpolvondan uni ehtiyot qilishni soʻragan edi. Qoʻyni boʻrining qoʻliga topshirib ketayotganiga uning aqli yetmadi.

Mardona u tomondan goʻshakni oldi shekilli, Kesakpolvon Zaynabdan koʻzini uzmagan holda gapirdi:
— Allo, Mardona, oʻzingmisan? Shomilbek Maskovdan telpon qilmadimi? Menga bir gap aytib ketuvdi. Ha, qulogʻingga aytaman. Hozir boraman, kutib tur.

Goʻshakni joyiga ilib, Zaynabga «Xoʻsh, ana, topdim. Endi nima qilasan?» deganday qaradi. Keyin Zaynabning ajablanayotganini koʻrib izoh berdi:
— Hosilning Gʻilay Shomil degan yugurdagi boʻlardi. Mardona oʻshaniki. Hosil otilgan kun bir borgan edim.

«Hosil otilgan kun? Kim otdi?» — deb oʻyladi Zaynab, ammo savolini tiliga chiqarmadi. Chunki u Hosilboyvachchaning isminigina eshitgan, oʻzini esa koʻrmagan edi. Otilgan vaqti, sababini bilish uning uchun aytarli shart emasdi.
— Qani, boramizmi? — dedi Kesakpolvon.
— Bilmasam... — dedi Zaynab qat'iyatsizlik bilan.
— Boʻshashma, dadil boʻl! Sen Asadbekning qizisan. Birinchi qadamda lalaysang, ish pachava boʻladi. Tur, ketdik!

Yoʻl-yoʻlakay Kesakpolvon Zaynabga qasos olish yoʻllarini oʻrgatdi, qasos olishdan keyingi huzurni ta’rifladi.

3

Zaynabni koʻrgach hayratdan lol qotgan Mardonaning ahvolini tasvir etmoqqa qalam ojiz. Ha, avval hayratlandi, soʻng bu hayrat oʻrnini qoʻrquv seli egalladi. Hatto a’zoyi-badanidan jon chiqib ketganday boʻldi.

Hosilboyvachcha otilgan kuni Gʻilay Shomil bu yerga Kesakpolvonni boshlab kelib, tuni bilan maishat qilgach, erta saharda Mardona yotgan xonaga kirgan edi.
— Ish buzildi, — degan edi u afsus bilan. — Shef iniga kirib ketdi. Men bilan kelgan pakana yangi shef. Tayyorlanib tur, seni boshqa yoqqa koʻchiraman.

Bir necha kundan beri Shomilning kelishini, boshqa yoqqa koʻchirishini kutardi. Kutgani kelmay, kutmagani keldi. U hojasining istagi bilan koʻp qizlarni ignaga oʻtqazdi, ya’ni giyohvandga aylantirib berdi. Koʻp bokira, ammo aldangan yoki qoʻrqitilgan qizlarning nomusi ham shu uyda bulgʻandi, bedarak yoʻqolgan yosh qizlarning soʻnggi izlari ham shu uyda qolgan. Bu ishlar kimgadir fojia boʻlib tuyulishi mumkin, kim uchundir dahshat, ammo Mardona uchun bu oddiy, e’tibor berishga ham arzimaydigan voqea sanalardi. Esini yigʻib, oʻz nomusi uchun kurashmoqchi boʻlgan qizlarni «Baxting kelganda maishat qilib olsang-chi, qaerda buzilding, kim buzdi, senga baribir emasmi? Maishat qilib, pulini shilsang-chi?» deb koyir edi. Ular bir kunmas bir kun yoqamdan olar yoki koʻkragiga oʻlim farishtasining bemehr yuragini joylab kelar, deb oʻylamagan edi.

Toʻgʻri, Zaynab topshirilganda dastlab choʻchidi. Ish orqaga qarab ketgach esa qoʻrqa boshladi. Bekor qoʻrqmagan ekan, mana, oʻlim farishtasining nomi bilan kelib turibdi.
— Zaynab, ayb menda emas, buyurishdi, — dedi Mardona titroq ovozda.
— Ichkariga kir, — deb buyurdi unga Kesakpolvon, keyin «Dadil boʻl», degan ma’noda Zaynabni sekin turtib qoʻydi.
— Ichkariga kir! — deb baqirdi Zaynab.

Bu baqiriq Mardonaga «Senga oʻlim!» degan hukm ma’nosida eshitilib, esxonasi chiqqan holda tisarildi.
— Uyda kim bor? — deb soʻradi Kesakpolvon.
— Bir qiz... sizga... Oʻgʻlim...

Kesakpolvon orqada turgan yigitga qaradi:
— Bolasi bilan qizni bir xonaga tiq, — deb buyurdi.
— Nima qilmoqchisizlar? — deb yigʻlamsiradi Mardona.
— Gaplashib olamiz. Yotoqxonangga kir!

Qoʻrquvdan titrab-qaqshay boshlagan Mardona buyruqni bajardi. Ular oldinma-keyin yotoqqa kirdilar.
— Mana, qizim, bu iflos seniki. Pichoqda tilib tashlaysanmi, otasanmi, oʻzingning ishing.
— Mening aybim yoʻq, — deb chinqirdi Mardona jon holatda. — Menga buyurishdi.
— Kim buyurdi? — deb soʻradi Zaynab. Endi u ham titray boshlagan edi. Mardonani qoʻrquv, jon achchigʻi, Zaynabni esa qasos, nafrat oʻti titroqqa solgan edi.
— Menga Shomil aka, Shomil akamga Hosil aka...
— Baland dorga osilyapsan, — dedi Kesakpolvon. — Hozir Hosil akangni koʻrasan.
— Yoʻq! — deb qichqirdi Mardona.
— Amaki, siz chiqib turing, — dedi Zaynab.

Kesakpolvon Zaynabning qoʻliga pichoq tutqazib chiqqach, Mardona oʻzini yerga tashlab, uvvos tortib yigʻladi:
— Bolamga rahmingiz kelsin, Zaynab. Tavba qildim, kechiring.
— Mendan oldin ham qilganmiding bu ishni? — deb soʻradi Zaynab.

Eshik orqasidagi Kesakpolvon xuddi Asadbekning ovozini eshitganday boʻldi. Harholda ovoz Zaynabniki, ohang esa Asadbekniki edi.
— Yashirmayman, boʻlgan bu ishlar. Men faqat buyruqni bajarar edim.
— Sen oʻlishing kerak, — dedi Zaynab uning koʻzlariga qaramaslikka harakat qilib.
— Zaynab, kechiring...
— Qoʻllaringni choʻz! — deb buyurdi Zaynab. — Igna sanchadigan qoʻllaringni choʻz.
— Nega, Zaynab?
— Koʻrmoqchiman, mening koʻkraklarimni ham shu qoʻllaringda ezgʻilagansan-a? Choʻz deyapman, men bir koʻray, qonlimikin bu qoʻllar.
— Qon yoʻq, toza, — deb qoʻllarini choʻzdi Mardona.

Shunda Zaynab pichoqni bir siltab uning bilagini tilib tashladi. Mardona chinqirib yubordi. Tirqirab otilgan qonni koʻrgan Zaynab ham qoʻrqqanidan baqirdi. Bu ovozlarni eshitgan Kesakpolvon shoshilib ichkariga kirdi. Zaynab yigʻlamsirab boshini uning koʻksiga qoʻydi.
— Uni oʻldir, — dedi Kesakpolvon. — Unga qara, qoʻrqma, oʻldir! Agar sening oʻrningda u boʻlsa birpasda oʻldirib qoʻyadi. Sen uni qiynab oʻldir!
— Yoʻq, oʻldirolmayman, — dedi Zaynab yigʻlamsirab.
— Agar hozir oʻldirmasang, keyin hech qachon qilolmaysan bu ishni.
— Yoʻq, amaki, qoʻlimdan kelmaydi...
— Unda qarab tur, — Kesakpolvon shunday deb Zaynabni Mardona tomon qaratdi-da, uning qoʻlidan pichoqni oldi. Mardona oʻzini himoya qilishga ulgurolmay ham qoldi. Ketma-ket urilgan pichoq zarbidan omonatini topshirdi.

Birinchi marta pichoq urilgandayoq Zaynab xonani tark etdi. Koʻchaga chiqib, mashinaga oʻtirib oldi. Dir-dir titray boshladi.

Zaynab «Asadbekning qizi» boʻlishi hargiz mumkin emasdi.

Kesakpolvon bilan yigit yarim soatlardan keyin chiqishdi. Yigit bolachani yostiq bilan boʻgʻayotganida Kesakpolvon doʻmboq qizni tatib koʻrdi. Shu bilan qutulaman, degan qiz ham yostiqda boʻgʻildi.

Mashina oʻrnidan jilgach, Kesakpolvon kerishib qoʻydi-da:
— Bugun bir-ir savob ish qildim. Bu dunyoni ikkita shiltadan tozaladim, — dedi.

Tasodif shuki, Mardona pichoqlangan kuni Moskvada Gʻilay Shomil ham oʻldirildi.

XVII bob

1

Qosh qorayib, ovqat pishgach, Habib Sattorovni onasining uyiga chaqirdilar. Kelini keltirib qoʻygan moshxoʻrdani tez-tez xoʻrillatib ichishi Risolat kampirga yoqmadi.
— Muncha hovliqib ichasan, uyingga shoshyapsanmi?— dedi u, keyin bir piching bilan oʻgʻlini «uzib» olmoqchi boʻldi: — Oytovoq xotining «tez keling» deganmidi?

Oʻz xayollariga bandi boʻlgan Habibga bu piching ta’sir etmadi, oddiy savol oʻrnida qabul etib, osoyishtalik bilan javob qaytardi:
— Shoshayotganim yoʻq, oyi, moshxoʻrda qaynoq ekan. Bugun ketmayman, qolaman.
— Moshxoʻrdani sal sovugandan keyin ichsa, mazali boʻladi, hovliqma. Xotining nimaga kelmadi?
— Hayronman, kelmoqchi edi. Kelib qolar.
— Kelib boʻpti. Qaynisi oʻlib koʻk ham kiymadi. Begonaga oʻxshab kelib-ketib yurdi.
— Oyi, qoʻying eski gaplarni, endi ahil yashashimiz kerak. Men yaqinda yana Moskvaga ketaman. Endi koʻproqqa ketaman. Oʻsha yerda ishlayman.
— Shoshilma, avval men oʻlay, keyin qayoqqa borsang bor.
— Oyi, bormasam boʻlmaydi, unaqa demang. Keliningiz qoladi.
— Uni qara-ya! Oʻsha oytovogʻing menga qararkanmi? Jagʻimni bogʻlarkanmi? Ketaver, oʻligim koʻchada qolmas, men oʻlsam shu Xonzoda qizim koʻmadi.

Xonzoda ona-bola orasida gap qochayotganini bilib, choyni yangilab kelish bahonasida tashqariga chiqdi.
— Sen bola, ilmdan boshqa narsani oʻylamaysan hech? — deb achchiqlandi kampir. — Xonzoda endi menga kim? Hech kim! Baraka topsin, qarab turibdi. Erta-indin birov ogʻiz solsa, erga tegadi-ketadi. Yosh juvon koʻchada qolmaydi. Sen qoʻrqma, men uzoq yashamayman. Har kuni ukang tushimga kirib chaqiryapti...
— Oyi, qoʻying, — dedi Habib, kosani nari surib.
— Jahl qilmay, ovqatingni ich. Peshonam asli shoʻr ekan. Anvarim tirnoqqa zor oʻtdi. Senga yaxshi xotin uchramadi. Jim boʻl, yonini olma.
— Yonini olayotganim yoʻq. Xoʻp oyi, siz nima desangiz shu. Ertalab sizni uyimga olib ketaman.
— Bekor aytibsan. Bu uyda avval adang rahmatlikning ruhi kezib yurardi. Endi u Anvarim bilan billalashdi.

Habib Sattorov shu zayldagi dam jahl aralash, dam alamli, dam hasratli gaplarga qoʻshib ovqatini ichdi. Yana bir oz gaplashib oʻtirgach, Risolat kampir:
— Qoladigan boʻlsang, ukangning uyiga chiq. Xonzodam mening yonimda yotadi, — dedi.

Habibning niyati ham shu edi. Onasini ikki yonogʻidan oʻpib, tashqariga chiqdi.

Hovlida bir oz turdi.

Havo xuddi tugʻolmay qiynalayotgan xotinga oʻxshaydi. Yogʻsa yogʻa qolmaydi, ochilsa ochila qolmaydi. Tund boʻlib kishi yuragini siqadi. Habib Sattorov yurti quyoshini sogʻinib kelgan edi, aksiga olib havo ham uni tundlik bilan qarshiladi. Angliyaning tumani, Moskvaning rutubatidan bezgan edi. Hech chekmaydigan odamning birdan chekkisi keldi. Xayolini chalgʻitish uchun atrofiga qaradi. Hammayoq yutaman deb turibdi. Anvardan soʻng hovli ham huvillab qolganday edi. Hovlidagi biron daraxtning shoxlari kesilsa ham oʻrni sezilib turganda, butun boshli bir odamning yoʻqligi bilinmaydimi?

Habib Sattorov bir necha daqiqa maqsadsiz, ma’nisiz turgach, ogʻir qadamlar bilan bir-bir bosib Anvarning uyi tomon yurdi.

Oʻsha yetim uy, oʻsha bir oyogʻi kanop bilan bogʻlangan yetim stol, yetim qalam, daftarlar...

Beixtiyor daftarlardan birini olib varaqladi.

«...Vo ajab! Odamning zahari ilonnikidan kuchli ekanini bilmabman. Bugun noolim, noakademik Xolidiy degan ablah ustoz Hikmat Oʻrolov nomini bulgʻash uchun bir arava axlat agʻdardi. Maqolasi bilan gazetani ham harom qildi. Quzgʻun burgutni axlat titishda aybladi. Ustozning uylariga borib zoʻr bir rivoyat eshitdim. Bir kuni buni she’r qilishim kerak. Mana u:

«Luqmoni hakim yoʻlda borayotsalar bir uydan nola eshitilibdi. Kirsalar xasta odam ogʻriqlarga chidayolmay dod der emish. Tabiblar kelib, uni bugun-erta oʻladi, deyishibdi ekan. Luqmoni hakim xastaning bilak tomirini ushlab koʻrib debdilarki: «Dardingizga davo bor. Ilon zahri sizga shifo bergay». Xasta debdiki: «Ilon zahrini men qaydan topay? Bir bedavo boʻlsam... Yo meni shu ahvolda tashlab ketaverasizmi? Olloh mening zorimni eshitib, Luqmoni hakimga roʻbaroʻ qilganida edi, u zot meni tashlamas edilar». Luqmoni hakim bu nolani tinglab aytibdilarki: — «Zinhor tashlamasman». Xullas, hazrat Luqmoni hakim ilonzorga borib bir yoshroq ilonni boʻgʻzidan boʻgʻib turibdilar. Shunda ilon ittifoqo tilga kiribdi va debdiki: «Ey inson farzandi, sen nechun meni boʻgʻayotirsan? Ollohning menga bergan jabrlari kammi edi?» «Olloh senga qanday jabrlar qildi?» deb soʻrabdilar Luqmoni hakim. «Meni koʻrimsiz qilib yaratdi, odamlar koʻrsalar mendan qochadilar. Meni yertuban qilib qoʻydi, sudralib yurishga mahkum etdi. Endi sen meni boʻgʻib, jonimni olarsanmi?» Luqmoni hakim debdilar: «Shunday qilmasam bir odam hayotdan koʻz yumar». Ilon debdi: «Ajab! U odamni saqlab qolmoq uchun meni oʻldirasanmi? Axir u ham Ollohning bir maxluqi, men ham. Bir jonni saqlab qolmoq uchun ikkinchisini mahv etmoq shartmi? Ey inson bolasi, sen ayt: men birovni chaqsam, mening zahrimni daf eta olasanmi?» Luqmoni hakim aytibdilar: «Ha, daf eta olaman». Ilon debdi: «Unda mening zahrim kuchli emas ekan. Dunyoda shunday zahar borki, sen uni zinhor daf eta olmassan!» «Qanday zahar? Qora qurtnikimi?» — debdilar Luqmoni hakim. «E, yoʻq, — debdi ilon. — Dunyoda eng kuchli zahar — odamning zahri. Bunga davo yoʻqtur. Odam odamni chaqsa, albatta, oʻlim haqdir! Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib oʻldirasiz. Sen jonini saqlab qolmoqchi boʻlgan xastaga mening zahrim davo emas, yanglishma. Uni oʻz doʻsti chaqqan. Uning zahriga davo topa olmassan. Bunga hatto Luqmoni hakim ham davo topmagay. Qoʻy, u oʻlaversin, azoblaridan qutula qolsin...»

Xolidiy qancha odamni chaqdi? Yana qanchasini chaqadi? Uning shogirdlari-chi? Burgut polaponini baland qoyalardan tashlab, magʻrur parvoz qilishni oʻrgatar ekan. Quzgʻun esa bolasiga axlat titishni oʻrgatadi. Xolidiy quzgʻunning institutdagi shogirdi — bolalaridan nimani kutish mumkin? Men ular bilan olishaymi? Soʻng... mendan ham axlat hidi kelib tursa...»

Habib Sattorov bu satrlarni oʻqib, oʻylanib qoldi: «Kallasi joyida edi, baloga aqli yetardi. Bu dunyoga nima uchun sigʻmay qoldi, hayronman. Ular axlat titsa titaversin, sen titma. Baland uchaver. Mana Sohib Poʻlatov ham shunaqa xilidan. Men u bilan olishib vaqtimni zoe oʻtkazishim kerakmi? Meni ishdan boʻshatishi — chaqqanimi? Tupuraman men uning oʻziga ham, chaqishiga ham. Angliyadagi kitobim chiqsa oʻladi kuyib, toʻlgʻonib, oʻzini oʻzi chaqib oʻladi...»

Daftardagi soʻnggi yozuv shu edi. «Oʻlimidan avval yozgan shekilli», Habib Sattorov shunday deb oʻylab oldingi yozuvlarga koʻz tashladi. Arabiy yozuvli bir necha sahifaning hoshiyasiga bitilgan she’riy satrlar diqqatini tortdi:

«
Menda ajib holdir azizim,
Tilim zabun, loldir, azizim…
»


«
Assalom, har dildan quvgʻindi anduh!
Assalom, hech kimsa suymas iztirob!
Koʻnikib ketmish-a senga bu tan, ruh,
Oʻqish bisyor boʻldi seni bobma-bob…

Gulchehra Nur she’rlaridan.
»


Habib Sattorov she’rning ruhini anglamadi. «She’r yozib boshini qotirmaganida allaqachon dissertatsiya yoqlab, olim boʻlib ketardi», deb oʻyladi-da, daftarni yana varaqladi:

«Hurlik nimaning evaziga berildi? Qonlar evazigami? Jonlar evazigami? Jon berishga tayyor azamatlar bormi bu ulugʻ Turkistonda? Xumoyun Mirzo xastaligida tabib Bobur Mirzoga «Eng qadrli narsangizni atang», deganda shoh Bobur «Eng qadrli narsa — jonim, jonimni berayin», degan ekan. Xasta ona Turkistonga kim jonini fido qiladi? Oʻlimdan qoʻrqmas, botir oʻgʻlonlar nahot butunlay qirilib bitgan? Bu qanday hayot oʻzi? Kun bor — quyosh yoʻq, osmon bor — yulduzlar yoʻq. Vatan bor — vatanparvar yoʻq. Beshikdan tobutga yetgunicha hamma pioner — kashshof. Oʻrusiya nima desa, «Doim tayyor!» deb turamiz. Vatan arzonga sotildi, sotilyapti... juda arzon...

Ammo... bu uzoq davom etmaydi. Botir oʻgʻlonlarning ruhi qaytadi ota yurtga! Qadimgiday zoʻr davlat bir kun boʻlajak! Ana oʻshanda kelajakdagi botirlar biz — xoinlarni la’natlaydilar. Bizning ruhlarimiz ularning la’nat toshlari ostida eziladi. Shunday boʻlishi kerak! Biz shunga loyiqmiz! Bundan battariga-da loyiqmiz! Alixontoʻra Sogʻuniy domla aytgan ekanlar:

«Agar oʻzbeklar oshning atrofiga birlashganday birlashganlarida edi, allaqachon erkka erishgan boʻlar edilar».

Men bu aqlli satrlarga ozgina tahrir kiritmoqqa jazm etaman:

«Agar oʻzbeklar toʻplanib, toʻy-ma’raka oshiga oshiqqanlari kabi imonga oshiqqanlarida edi, mustaqillikka shubhasiz erishardilar.

Ulugʻ Turkistonni faqat imon birlashtiradi.

Vaqt boʻldiki, Turkiston imondan uzoqlashdi. Oqibatda mustahkam bir davlatning yarmini Oʻrusiya, yarmini Xitoy egallab oldi. Hozirgi har ikki davlatning qizil bayroqlari musulmonlarning qoni ila qizarmishdir.

Otalarining xato-kamchiliklarini takrorlagan avlod — nodondir.

Imonga qaytinglar deyilsa, ayrimlar Oʻrta asrga qaytamizmi, deydi. Qani edi, oʻsha asrlarga qaytilsa-yu, xorazmiylar, beruniylar, temurlar yetishib chiqsa. Oʻrta asr musulmonchiligi dunyoni nurafshon etdi, aql bilan boyitdi. Agar Beruniy yerning dumaloqligini kashf etmasa, Yevropa buning uddasidan chiqa olarmidi?..

Oʻz tarixini buzuvchi kimdir? U oʻz ota-onasini oʻldirib, pishirib yegan farzand kabidir... Bundaylar qaro yer bagʻriga qaysi yuz bilan borarlar?..»

Bu fikrlarni oʻqiy turib, Habib Sattorovning yuragi hapriqib ketdi. U ukasining qalbida shunchalar dard borligini bilmas edi. Bila olmas ham edi, chunki u bunday tuygʻulardan ancha uzoq edi. Uning logarifmlar bilan toʻla miyasida bunday fikrlarga oʻrin yoʻq edi.

«Savol:
— Dunyoda barcha narsadan gʻolib nima?

Javob:
— Aql.

Savol:
— Bir narsa borki keladi-ketadi, ammo koʻrib boʻlmas, ushlab boʻlmas, biroq kelib-ketganini bilib turamiz, bu nadir?

Javob:
— Bu — zamondir!

Ha, zamon! Qonli zamon, qotil zamon! Oʻzbekning sodda yigitlari harbiyga olinib, temir tobutlarda tantana ila qaytarilyapti. Aql esa jim... Afgʻondan kelgan tobutlar koʻp. Musulmon yigitga qurol berib musulmonlarga qarshi urushga tashlarlar. «Doim tayyor!» Endi esa urib oʻldirilgan yigitlarning murdalari kela boshladi.

«Nima qilib qoʻydim men, evoh...

Axir baxtga berdim-ku ozor...

Koʻzlarimdan sachraydi ming oh,

Vujudimga koʻchadi mozor...»

Oʻz farzandlarining shafqatsizlarcha oʻldirilishiga befarq qarovchi xalq qanday xalq ekan!!!

Hurlik va xoʻrlik... Yozilishda farq birgina harfda. Bu farqni yoʻqotish uchun nelar kerak ekan?..

Xasta ruhni oʻldirish mumkinmi? Bilmayman. Harholda shunga harakat bor. Eski shahardagi tarixiy joylarning buzilishidan maqsad shu boʻlishi kerak. Bosqinchi Oʻrusiya askarlariga qarshi partizanlik urushi olib borgan azamatlarning markazi boʻlgan joy buzilib, oʻrniga bahaybat mehmonxona qurilib, unga «Moskva» deb nom berildi. Bu yerlarda qancha musulmonlarning qoni toʻkilgan edi. Nima, bu tasodifmi? Mozorlar ustidan yoʻl solish, mozorlar oʻrniga kinoteatrlar qurish ham tasodifmi? Yoki me’morning kaltabinligimi? Yoʻq, buning zamirida kuchli siyosat bor... Xasta ruhni oʻldirish siyosati...

Biz shahidlar ruhini oyoq osti qilyapmiz...»

Shu yerda yana arabcha harflarni oʻqiy olmay, pastki satrlarga koʻz yugurtirdi:

«Bu — «Oli Imron» surasidan. Sobitxon aytib edi, men yozib oldim. Shaharni Oʻrusiya askarlaridan himoya etib shahid ketganlar ruhiga mos tuyuldi menga. Ma’nosi «Allohning yoʻlida qatl boʻlganlarni oʻliklar deb hisoblamanglar. Balki ular tirik. Lekin sizlar sezmaysizlar...» Chindan ham ular tiriklar. Biz esa buni sezmaymiz. Shu darajada befahm avlodmiz.

Shahidlar: «Parvardigor yoʻlida shahid boʻlib, soʻng tirilsam, yana shahid boʻlib, yana tirilsam, soʻng yana shahid boʻlsam», deb orzu qilar ekanlar.

Bizning orzuimiz nima? Qorin toʻqligi. Tinchlik... Tinchlikni notoʻgʻri tushunamiz. Ozod, hur, erkin yurtga tinchlik kerak. Istibdoddagi mamlakatga-chi?.. Jihod, jihod kerak. Qaysi bir kitob qahramoni «Ozodlik yoki oʻlim!» degan ekan. «Hurriyat yoki oʻlim!» deydigan zamonlar kelarmi?..»

Bu fikrlar Habib Sattorovga ogʻir tuyulib, hazm qila olmadi. Daftarni yopdi. Hovliga chiqib bir aylanib keldi. Onasining uyida chiroq oʻchibdi. Azador xonadonda radio-televizor qoʻyilmagani uchun barvaqt yotishgan edi. Habib Sattorov ham charchaganini his qildi. Uyga kirib yotdi. Uyqu bosib kelsa-da, uxlay olmadi. Koʻzi ilindi deguncha yuragi hapriqib uygʻonib ketaverdi. Oʻrnidan turib oʻtirdi, yana yotdi. Boʻlmadi. Yana turdi. Mehmonxonaga chiqib oyogʻi choʻloq stolga yaqinlashdi.

Shunda...

Shunda deraza yorishib, nur oqib kirdi. Qulogʻi shangʻilladi. Soʻng mayin ovoz eshitildi:
— Bizni kutmaganmiding?

Habib Sattorov yuragiga qoʻrquv oralab, atrofiga olazarak boqdi.
— Sen bizni koʻra olmaysan.
— Kimsiz? — deb beixtiyor pichirladi Habib Sattorov.
— Qoʻrqma, biz senga faqat yaxshilik istaymiz.
— Kimsiz? — deb pichirladi yana Habib Sattorov.
— Biz boshqa sayyoradanmiz.
— Qaysi sayyoradan?
— Sizlar Chayon yulduzlar turkumi, deb ataysizlar. Biz esa Zurru deymiz. Zurru — nur oʻlkasi degani...
— Boʻlishi mumkin emas.
— Mumkin. Derazaga qara!

Habib Sattorov derazadan oqib kirayotgan nurga qarab ukasini koʻrdi. Jinnixonadagi soʻnggi tunni bedor oʻtkazayotgan Anvar choyshabni olib yirtdi-da, arqon qilib eshdi. Soʻng eshik tomon yurdi. Ostonaga yetganida iziga qaytdi. Qogʻoz-qalam olib yozdi.

Shu onda Habib Sattorov yana oʻsha ovozni eshitdi.
— Nima yozganiga qiziqyapsanmi?
— Ha.
— Oʻqib beramiz:

«
Бошгинамга ағанаган катта тоғлар, алвидо!

Мен кетарман ҳасратланиб, руҳи соғлар, алвидо!
Бу дунёнинг шўришига навниҳоллар тебранинг,

Эслироқ боғбони йўқ, қолди боғлар, алвидо!

Асқар Қосим
»

Ovoz tindi. Anvarning harakati esa davom etdi. Boʻyniga sirtmoq solayotganda Habib Sattorovning lablari titradi. Osilganicha tipirchilayotgan ukasini koʻrgach, «Anvar!» deb dodlab yubordi. Kaftlari bilan yuzini toʻsib hoʻngrab-hoʻngrab yigʻladi. Kuni bilan kelmagan yigʻi endi selday bosdi. Yigʻlab-yigʻlab kaftlarini yuzidan olib, yana derazaga qaradi. Nur yoʻqolmabdi.
— Nima istaysizlar mendan? — deb pichirladi u.
— Ukang bilan gaplashishni xohlaysanmi?
— ...

Sukut rizolik alomati sifatida qabul etilib, hozirgina tipirchilayotgan ukasi oʻrnida, oppoq libos kiyib olgan, akasiga kulimsirab qarayotgan Anvar koʻrindi.
— Aka, yaxshi keldingizmi? — deb soʻradi u.
— Anvar, jon ukam, nega unday qilding? Hech boʻlmasa oyimlarni oʻylashing kerak edi.
— Oyimni kutyapmiz.
— Unday dema.
— Siz ham kelasiz.
— Bekor gap!
— Ishdan haydashibdi-ku?
— Ishdan haydashsa nima qilibdi. Kallamdan ilmni sugʻurib olisholmaydi-ku?
— Aka, keling, bu yer yaxshi...
— Bekor gaplarni gapirma...

Anvar chekinib, tanish ovoz eshitildi:
— Ukang toʻgʻri aytadi. Biz seni zoʻrlamaymiz. Oʻzing ruhan tayyorlanib kelasan.
— Yoʻq! Yoʻq! — Habib Sattorov shunday deb yana kaftlarini yuziga bosdi. Bir necha nafas shunday turgach, koʻzlarini ochdi: nur yoʻqolibdi. Hammayoqni sukunat bosgan. Oʻzi terga botgan, lablari titradi. U bir oz gangib turdi-da, shoshilib uydan chiqdi.

Tunni hovlida bedor oʻtkazdi. Sovqotib ketsa ham uyga qaytib kirmadi.

Kelini tongda turib yuvingach, uni savolga tutdi. Xonzoda Anvarning deraza oldida qotib turishini aytgach, hayratlandi.

«Bu ne sir-sinoat boʻldi?» deb boshi qotdi.

2

Habib Sattorovning bir kechada koʻzlari kirtayganini koʻrgan xotini bezovtalanib:
— Ha, adasi, tinchlikmi? — deb soʻradi.
— Tinchlik, — dedi Habib Sattorov toʻngʻillab, — nega bormading?
— Qizingiz oʻqishdan isitmalab keldi...
— Qizim yosh goʻdak emas-ku, dori-pori berib, borib kelsang boʻlardi. Sen tufayli men ezilishim kerak. Anvarni nimaga aytmading?
— Ishga boraman, deb turuvdingiz, ortiqcha hayajonlanmang, devdim.
— He, sendaqa mehribonni... — Habib Sattorov anchadan beri qilmagan ishini qildi: xotinini boʻralab soʻkdi. Xotini bundan ranjib, bir koʻtarilmoqchi boʻldi-yu, erining fe’li boshqachaligini fahmlab, oʻzini tiydi.

Habib Sattorov tungi voqea nima ekaniga javob topa olmadi. U qoʻshnisi, fizika bilan shugʻullanuvchi olim doʻsti Umar Baxtiyorovga uchrashishni xayol qilib, azonlab kelgan edi. Umar Baxtiyorov bioquvvat, para-psixologiya haqida unga ba’zan gapirib qolardi. Bu ma’ruzalar Habibga yoqmasdi. Har ikki tushunchani ham gʻayrifan deb hisoblardi. Bir kuni shunday deganda Umar Baxtiyorov piching bilan:
— Xuddi sovet olimlariga oʻxshaysiz, — degan edi.
— Sovet olimi boʻlmay kimman? — deb ajablangan edi Habib Sattorov bu kinoyani anglamay.
— Parapsixologiyani faqat sovet olimlari inkor etishadi. Bu fanni butun dunyo oʻrganadi, — deb kuyunib izoh bergan edi u.

Tungi voqeadan soʻng Habib Sattorov birinchi boʻlib shu qoʻshnisini esladi. Baxtiga Umar Baxtiyorov uyda ekan. Sochlari umuman toʻkilib bitgan, Habib Sattorovdan bir yosh kichik bu olimning harakati sergʻayrat, gapirishi ham shunga yarasha edi. U tez gapirganidan ayrim fikrlarini uqib olish qiyin boʻlardi.
— Bir maslahatli ish chiqdi, — dedi Habib Sattorov, — faqat shartim bor: sekin, shoshilmasdan gapirasiz.
— Albatta-albatta, — dedi Umar shartga koʻnib.

Habib Sattorov tungi voqeani umumiy tarzda aytib bergach, u gʻolib odam kulgusi bilan kuldi-da:
— Xudodan qaytibdi, — dedi.
— Nimaga unaqa deysiz?
— Siz bir paytlar mening gaplarimni gʻayrifan der edingiz. Isbotiga oʻzingiz uchrabsiz.
— Menga gina qilmang, menga tushuntiring, — dedi Habib Sattorov bir oz asabiylashib.
— Bu bioenergetik chakralarning ishi, — deb ohista gap boshladi Umar. — Ya’ni — bioenergetik markaz desak ham boʻladi. Odamlardagi bioquvvat ham elektr quvvatiga oʻxshab «manfiy» va «musbat» boʻladi. Ikki odam bioenergetik maydon hosil qiladi. Ya’ni bir odam ikkinchi odamga aura orqali, ya’ni nurlanish orqali ta’sir qiladi. Odamda nechta koʻz bor? — Umar Baxtiyorov shu savolni berib mugʻobirlarcha kulimsiradi.
— Sizda balki oʻntadir. Ammo menda ikkita, — deb javob berdi Habib Sattorov.
— Oʻnta emas, uchta. Uchinchi koʻz — gipofiz. Gipofiz ana oʻsha auralarni qabul etadi. Ukangizni ham, sizni ham begona energoinformatsion maydonlar bezovta qilgan.
— Ular boshqa sayyoradanmiz, deyishdi?
— Boʻlishi mumkin. Boshqa sayyorada bionurlanish markazlari kuchlidir balki?
— Xoʻp, endi nima qilish kerak?
— Elektromagnit ekran bilan shu maydonni buzish kerak. Men shunday ekran ixtiro qilganman. Lekin uni birov tan olmayapti. Agar istasangiz sinab koʻraylik. Ukangiznikiga oʻrnatib, nur paydo boʻlishini kutamiz.

Habib Sattorovga bu taklif xayolparast talaba bolalarning gapiday tuyuldi. «Oʻylab koʻramiz», deb chiqib ketdi.

Shu gapdan keyin Umar Baxtiyorov uni holi-joniga qoʻymadi. Oxiri Habib Sattorov koʻndi. Ixtiro etilgan elektromagnit ekranni olib borishdi. Oʻsha deraza tokchasiga oʻrnatib kutishdi. Nurning paydo boʻlishini kuta-kuta ikkovi ham uxlab qolishdi.

Ertalab turib qarashsa, ekran pachoqlanib yotibdi...

XVIII bob

1

Chuvrindini kuzatib chiqqan yigit uning qoʻliga chiroyli qogʻozga oʻralib, chiroyli tasma bilan bogʻlangan qutini berdi.
— Bu Xongireyning Asadbekka sovgʻasi. Shaxsan oʻz qoʻliga topshirasan. Bu Xongirey bilan Asadbekni bir-biriga bogʻlaydi. Uni qoʻlingda koʻtarib ket, sinadi, — deb ogohlantirdi.

Chuvrindi nazorat boʻlimi orqali kutish xonasiga oʻtganida Jamshidni koʻrdi. U Jamshid bilan birga ketishini bilmasa-da, yaqin kunlarda koʻrajagini taxmin qilib edi. Jamshid esa Chuvrindining Moskvada ekanidan butunlay bexabar boʻlgani sababli bu kutilmagan uchrashuvdan dastlab dovdiradi. Bir necha oy koʻrishmagan qadrdonlar oddiygina qoʻl berishib omonlashdilar. Odamlar qurshovida ortiqcha gaplasha ham olmadilar. Chuvrindi Jamshidning koʻzlaridagi savol uchqunlariga javoban:
— Hammasi yaxshi boʻladi, — deb yelkasiga ohista urib qoʻydi.

Shunday deyishga degani bilan «Hammasi qanaqasiga yaxshi boʻlishini» oʻzi ham bilmasdi. Masala u kutgan darajadan ham battar chigallashib ketdiki, oqibatda Xongireyning ustaligiga tan bermay iloji qolmadi. Ayniqsa, Jamshidni oʻzi bilan olib ketishi... Xongirey «Jamshidni birga olib ketasan», deganida «bu shunchaki tayinsiz gapdir», deb oʻylab edi. Endi bilsa, bu ham Xongireyning ustaligidan ekan. Yaqindagina «oʻldi» deb e’lon qilinib, murdasini oʻz uyidan chiqargan odamni endi oʻzi tiriklayin boshlab boradi...

Shaharga yetib, xayrlashar mahalida Chuvrindi unga:
— Uyingdan chiqmay oʻtira tur. Bir-ikki kun sabr qil, — deb tayinladi.

Zelixon bilan uchrashuvdan soʻng xayolning ming turli koʻchalariga kirib, valine’matlaridan koʻngli qolayotgan, hatto Xongirey xizmatiga oʻtganidan quvona boshlagan Jamshid mehribonlik bilan aytilgan bu gapni eshitib, itoatkorlik bilan «Xoʻp», dedi.

Chuvrindi toʻgʻri Asadbekning uyiga bordi. Hojasining tabibga ketganini eshitib qoʻlidagi qutini yigitlarga berdi-da: «Bek akang kelgunlaricha ehtiyot qillaring», dedi.

Ertasiga boloxonadagi yigitlar Chuvrindinikiga telefon qilib, qutidan haddan tashqari sassiq hid chiqayotganini ma’lum qilishdi. Yuragi noxush bir narsani sezgan Chuvrindi darrov yetib keldi. Quti boloxona ayvoniga chiqarib qoʻyilgan, undan taralayotgan badboʻy koʻchadan kirgan odam dimogʻiga urilardi.

Chuvrindi hiddan burnini jiyirib, yigitlarga «Olib tushlaring», deb shiypon tomonga yurdi.

Qutini olib tushgan yigit uni chaqqonlik bilan ochdi. Ochdi-yu, qoʻllariga qaltiroq kirdi. Chuvrindi ham hayratdan dong qotdi: qutida Gʻilay Shomilning kallasi turardi... Shomil kallasi uzilayotganini sezishga ham ulgurmaganmi, koʻzlari ochiq qolgan, xuddi «Dunyoning oxir-oqibati shumi?» deganday bir koʻzi chapga, ikkinchisi oʻngga qarab savoliga javob izlaganday boʻlardi.

2

Abdurahmon tabib xayrlashish mahalida Asadbekka «Xastaman, deb gʻam chekmang. Xastalik — baxtsizlik emas, baxtsizlik — bu dunyo boyligiga muhabbat qoʻyishdir», dedi. Mana shu gapning mazmunini chaqish uchun Asadbek koʻp oʻylandi-da «ustma-ust bostirib kelayotgan baxtsizliklarim shundan ekan-da», degan xulosaga keldi.

Xayrlashishlaridan oldin tabib Muhiddin otaga qarab turib bir rivoyat aytdi:

«Emishki, Chumoli yashaydigan joy yemishga boy ekan. U yaxshi yeb-ichib, obdon semirdi. Soʻng... bir kuni qarab, osmondagi qushlarni koʻrdi. Koʻrdi-da... ular kabi uchmoqni istadi. Qanot chiqarmoqni umid qildi. Kutilmaganda umidi ijobat boʻldi — qanot chiqardi-yu, uchdi. Ammo semizligi tufayli baland ucholmadi. Yerdan bir ozgina koʻtarildi, xolos. Shunda parvoz etmoqni istagan semiz chumolini qushlar koʻrdilar. Oqibat shuki, u qushlarga yem boʻldi...»

Asadbek bu rivoyatni ham koʻp oʻyladi. Oʻzini chumoli oʻrniga ham, qushlar oʻrniga ham qoʻyib koʻrdi. Ammo biron xulosaga kelolmadi.

Asadbek uyiga qaytganidan keyin ham tabibnikida oʻtgan kunlarini koʻp esladi. Ayniqsa, Dev akaning holati bir necha marta tushiga kirdi.

...Ular choy ichib oʻtirishganda tabib kirib, uzrli ohangda Dev aka xastalanganini, uni borib koʻrishi lozimligini aytdi. Muhiddin ota odamgarchilik yuzasidan «Biz ham boraylik, bemorni yoʻqlash savob», degach, tabibga ergashdilar.

Qishloq chekkasidagi somonsuvoq kichkina uycha. Abdurahmon tabibning say'i-harakati bilan qurilgan bu uy — Dev akaning boshpanasi. Ichkarida taxmon. Sandiq. Koʻrpa-koʻrpachalar. Lekin Dev aka eski palos ustida, boshiga guvala qoʻyib yotibdi.
— Bu kishining odatlari shu, — deb izoh berdi, Abdurahmon tabib. — Koʻrpa-yostiqda yotmaydilar. Qishin-yozin shu ahvol.
— U dunyoda barchamiz shu holda yotamiz, — dedi Muhiddin ota.
— Mutu qabla an tamutu, — deb qoʻydi tabib.

Behol yotgan Dev aka boshini sal koʻtarib, tabib bilan Muhiddin otaga million soʻmdan va’da qildi. Bu safar ham Asadbekka «hech narsa tegmadi».
— Men mix topolmadim, sen topdingmi? — deb soʻradi Dev aka tabibdan.
— Topdim, — dedi tabib uning bilak tomirini ushlab.
— Yaxshi! — deb jilmaydi Dev aka. — Yaxshi, endi yurtimizga qaytamiz. Saroy solamiz. Hamma ozod boʻladi!
— Ha... ozodlikka oz qolibdi... — dedi Abdurahmon tabib bemorning qoʻlini ohista ravishda sholcha ustiga qoʻyib.

Uning nima demoqchi ekanini Muhiddin ota angladi-da, Dev akaga achinish bilan qarab qoʻydi.

Ular ketmaslaridan avval ham tabib undan xabar olgan edi. Muhiddin otaning «Qalay, tuzukmilar?» degan savoliga bosh chayqab qoʻyib, «Shifo Ollohdan» degan edi.

Asadbek uyiga kelgandan beri oʻziga «million soʻm bergisi kelmagan bu gʻalati odam tirikmi yo bandalikni bajo keltirdimi?» deb oʻyladi. Keyin oʻzining tashvishlari bilan boʻlib boshiga guvala qoʻyib yotuvchi bu odamni unuta boshladi.

U shifo topayotganidan quvonib, uyga qaytganda biron yaxshi xabardan umidvor edi. Ammo... shodlikni oshirguvchi xabar boʻlmadi.

Chuvrindi ham, Kesakpolvon ham uning qaytishini oʻzlariga xos intizorlik, sabrsizlik bilan kutar edilar. Tilla tangani olib kelgach, uyiga qaytgan Jalil ham xavotir, ham umid bilan kutardi. Kesakpolvon unikiga ikki marta kelib, «Yana borib, xabar olib keling» deb tiqilinch qildi. Jalil birinchi safar «Tabibning gʻashini keltirib qoʻysam, «Koʻtar aravangni!» deb haydab yuboradi» degan mulohazasini aytib, uni tinchitdi. Ikkinchi safar kelganda «Men sening yugurdagingmanmi!» deb bobillab berdi.

Asadbek shaharga yetib kelishlari bilan, haydovchiga «Jalil akangnikiga hayda», deb buyurdi-da, Muhiddin otaga qarab: «Xavotir olib oʻtirgandir», dedi.

Jalil uyda yoʻq edi. Shu uchun kelinga «Oʻrtogʻimga salom ayting», degach, uyiga qarab yurdilar.

Kesakpolvonning uyida siqilib ketgan, ayniqsa Mardonadan oʻch olish maqsadida qattiq qoʻrqqan Zaynabning kasali qoʻzib, ancha qiynaldi. Shuning uchun Chuvrindi qaytgan kuniyoq unga telefon qilib, otasining uyiga keldi. Yosh juvon yolgʻiz oʻzi turmasin, deb Chuvrindi xotinini ham shu yerga olib kelgan, buni eshitib Kesakpolvonning figʻoni oshgan edi. Uning fikricha, Chuvrindi Asadbekning xonadoniga toʻla hukmronlik oʻrnatishga erishgan edi.

Chuvrindi xotiniga ayrim ishlarni tayinlab ketayotganda hovliga Asadbek kirib keldi. Hojasining ancha dadil kirib kelayotganini koʻrgan Chuvrindining zulumot bagʻriga chiroq yoqilganday boʻldi. Asadbek bilan quchoqlashib koʻrishib, «Xudoga shukr» deb qoʻydi.

Kesakpolvonning vahimali tarzda tushuntirishidan soʻng xavotir otashida qovrilayotgan Zaynab ham otasining koʻrinishidan mamnun boʻldi.

Zaynabning ahvolidan bexabar Asadbek undan «Nima uchun bu yerdasan?» deb soʻramadi. Qizining kelib-ketib yurishiga koʻnikib qolgani uchun «Ering tuzukmi?» deb qoʻya qoldi.

Muhiddin ota borligi uchun bu kech ishdan gaplashishmadi. Mehmonning istagi bilan uni ertasiga Krasnoyarga uzatdilar. Shundan soʻng uchchovlari shahar markazidagi uch qavatli bino yertoʻlasida toʻplandilar.

Anchadan beri ular bu holda jam boʻlib oʻtirmagan edilar. Xorijga borib kelgan Tashqi ishlar vaziri jumhurrais va bosh vazirga hisob bergani kabi Chuvrindi ham hojalarini safari oqibati bilan tanishtirdi. U bu hisobotga astoydil tayyorlangan edi. Chunki Xongirey aytgan gaplarni, uning maqsadini aytmoq zinhor mumkin emas. U gaplarini tamom qilishi bilan Kesakpolvon:
— Gʻilay qani? — deb soʻradi.

Bu savolni u Chuvrindi kelgan kuniyoq soʻragan, «Xongirey yonida qoldi», degan javobni eshitgan edi. Javobga qoniqmagani uchun hojasi yonida yana soʻradi.
— Gʻilayni Xongirey olib qoldi. Garovga tursin deydi. Lekin uning oʻrniga... — qolgan gapini aytishga qiynaldi.
— Chaynalma, gapir gapingni, — deb jerkidi Kesakpolvon. U Gʻilayning Xongirey yonida qolganiga ishonmadi. Gʻilay kim boʻlibdiki, Xongirey uni garovga olib qolsa. «Gʻilayni yashirgan, oʻziga kerak vaqtida ishga soladi», degan fikri qat'iylashdi.
— Bek aka, biz bir ayb ish qilganmiz. Soʻksangiz ham, ursangiz ham haqqingiz bor.
— «Biz» deganing kim? — dedi Kesakpolvon.
— Siz bilan men...
— Ie, sen bilan sheriklikda nima yomon ish qilibman?
— Jamshidni aytaman...
— Jamshid? — deb ajablandi Asadbek. Keyin u ham jerkib berdi. — Gapirsang-chi, buncha chaynalasan!
— Gap shuki, oʻshanda Jamshidni oʻldirmagan edik. Yaxshi yigit, sadoqatli yigit. Jahl ustida aytvordingizmi devdik. Uni Sochiga yuborib, oʻlikxonadan bir murda topib yoquvdik.
— Bunaqa hunarlaring ham bormi? — dedi Asadbek.

Uning ovozida qahr yoki zarda sezilmagani uchun Chuvrindi sal dadillashdi.
— Bizga kerakli yigit.
— Oʻzi qani?
— Uyida, birga olib keldim.
— Sochiga bordingmi? — dedi Kesakpolvon jahl bilan.
— Hozir tushuntiraman. Uni Sochida Zelixon koʻrib qolibdi. Esingizdami, «Akademik»-chi? Xongireyning ustoziman, degan.
— Esimda, gapiraver.
— Xullas, Jamshidni olib ketishgan. Harholda bu oʻsha Zelixonning ishi.
— Unga nima aloqasi bor?
— U Elchinni oʻylagan. Zelixon Jamshidga Elchinni har qadamda himoya qilasan, deb shart qoʻyibdi. Esingizdami, Maskovda Xongirey ham Elchinni gapiruvdi.
— Esimda... — Shunday deb Asadbek oʻyga toldi.

Chindan ham gʻazab olovida yongan paytida hukm qilib edi. Keyin afsus yedi... Agar shu ish boʻlmaganda Zaynabi boshiga qora kunlar tushmas edi. Hamma ayb oʻzida. Mana, u tirik ekan, qaytib keldi. Zaynabi esa...

Kesakpolvon sukunatga toqat qilolmadi:
— Jamshidni oʻzing bilan olib keluvdingmi? — deb soʻradi Chuvrindidan.
— Ha.
— Nega men bilmadim?
— Avval maslahatlashay devdim.
— Demak, menga aytishing mumkinmas. Men sen uchun hech kimman. Sen — hokimsan, men esa osib, yoqishing uchun oʻlik topib keltiradigan ahmoqman!
— Jim boʻl! — deb baqirdi Asadbek, xayolini toʻzgʻitgan a’yonidan ranjib. — Jim boʻl! Bu senga tegishli masala emas!
— Qaysi masala menga tegishli, tushuntirib qoʻy, boʻlmasa?
— Jirillama! Hamma narsaga burningni tiqaverma!

Kesakpolvonning alam dengizi toʻlib toshdi. Orani ochiq qilib olish fursati yetganini his qilib, Chuvrindiga qaradi-da:
— Sen chiqib tur, akang bilan gaplashib olay, — dedi.

Chuvrindi «Chiqaymi?» deganday Asadbekka qaradi. Hojasi indamagach, oʻrnidan turib, chiqdi.
— Ogʻayni, juda bunchalik emas-da! Keyingi paytda itning keyingi oyogʻiday xor qilib tashlading-ku?

Asadbek «qani, gapiraver-chi», deb indamadi.

Asadbek soʻnggi gapni eshitib unga yalt etib qaradi. «Basharamga tupur»... Bu gap eski yarani bir tirnab oʻtdi. Asadbek «xalq dushmani»ning oʻgʻliga nafrat izhor qilinishini hali unutgani yoʻq. Tunovinda Jalil ogʻaynilar bilan bordi-keldi qilmaysan, deganida ham bu holat esiga tushgan, basharamga tupurgan bolalar bilan qanday qilib yaxshi munosabat oʻrnata olaman, deyishga ogʻiz juftlagan ham edi. Jalilga bularni gapirish befoyda ekanini bilib, indamay qoʻya qoluvdi. Hozir oʻsha tupurganlardan faqat Kesakpolvon bilan birga. Lekin bu Kesakpolvonni oʻsha ishi uchun kechirdi, degan gap emas. Kesakpolvonning tupurish holati oʻqtin-oʻqtin yodiga tushib, dilini ezadi. Gʻoyibona bir ovoz «qachondir bundan oʻch olasan», deb da’vat etardi.

Asadbekning oʻyga tolganini koʻrib, Kesakpolvon oʻrnidan turdi-da, telefonni olib kelib, Asadbekning tizzasi ustiga qoʻydi. Asadbek unga bir qarab olib, yon choʻntagidan daftarcha chiqarib Xongireyning telefon raqamini topib, terdi. Xongireyning yigiti uning kimligini obdon soʻrab-surishtirgach, ikki-uch daqiqa jim boʻldi. Soʻng «Hozir ulayman», dedi. Yana bir necha daqiqadan soʻng Xongireyning ovozi eshitildi:
— O, Asad, qardoshim, omonmisan? Seni kasal deyishuvdi, yaxshimisan?
— Rahmat, tuzalib qoldim.
— Tuzalib qoldim... bu juda yaxshi.
— Yigitlar bilan koʻrishdingmi?
— Koʻrishdim. Mahmudbeydan bir sovgʻa berib yubordim, oldingmi?
— Sovgʻa?.. — Asadbek savol nazari bilan Kesakpolvonga qaradi. Kesakpolvon «bilmayman», degan yelka qisdi.
— Ha, sovgʻa, yangi yil quruq boʻlmasin-da! — dedi Xongirey. — Soʻrab ol. Biz sen bilan ahil yashashimiz kerak. Bir doʻstimiz yoʻqolib qolibdi, afsuslandim. Sogʻ boʻl, qardosh...

Shunday degach, telefonlar uzildi. Asadbek oʻyga tolgan holda goʻshakni bir oz ushlab turgach, joyiga qoʻydi-da:
— Mahmud! — deb chaqirdi.

Chuvrindi hayallamay kirdi-da, «Bular orasida nima gap boʻldi», deganday ularga bir-bir qarab oldi. Chuvrindi kelib joyiga oʻtirgunicha Asadbek undan koʻzini uzmadi.
— Xongirey biz bilan ish yuritmoqchi, dedingmi?
— Ha, shunaqa xohishi bor. Oʻzbeklarni yaxshi koʻraman, deydi.
— Birga ishlagisi kelsa, ishlaymiz. Xongirey qoʻli ochiq yigit edi. Menga sovgʻa-povgʻa berib yubormadimi? — Asadbek shunday deb unga sinchkovlik bilan tikildi.

Chuvrindi undan koʻzini olib qochib, Kesakpolvonga ilkis qarab oldi-da, xoʻrsinib qoʻyib:
— Berib yuborgan edi, — dedi.
— Qani sovgʻasi, nega bu haqda gapirmading?
— Bek aka, bu sovgʻani... koʻrmaganingiz ham, eshitmaganingiz ham ma’qul edi... Shuning uchun indamagan edim. Kayfiyatingizni buzgim kelmadi. Keyinroq aytmoqchi edim.
— Qanaqa sovgʻa ekan, ayt. Yo bir qop axlat berib yubordimi? — dedi Kesakpolvon.
— Bunaqa boʻlganda darrov aytgan boʻlardim. Undan ham battar narsa...
— Chaynalmasang-chi! — deb baqirdi Asadbek.
— Gʻilayning kallasini bitta qutiga joylab beribdi.
— Nima? Gʻilayni oʻldiribdimi? — deb Kesakpolvon oʻrnidan turib ketdi.
— Oʻtir joyingga! — deb oʻshqirdi Asadbek unga. Soʻng Chuvrindiga «davom et», deganday qaradi.
— «Sovgʻa» deyishsa olib kelaveribman, men laqma. Boloxonaga qoʻyib qoʻyuvdim, sassigʻi chiqib ketdi. Keyin ochdim. Ochsam... oʻsha kalla.
— Oʻldirishguncha indamay qarab turdingmi? — deb soʻradi Kesakpolvon.
— Borgan kunimizoq uni mendan ayirib olishgan. Xongirey «Oʻz xoʻjayiniga xoinlik qilgan senlarga xizmat qila olmaydi», dedi.
— Bu gapi toʻgʻri, — dedi Asadbek oʻychan tarzda.

Gʻilayning oʻlimi unga Kesakpolvonchalik qattiq ta’sir etmadi. Xongireyning qoʻlidan tirik qaytsa, uni oʻzi oʻldirardi. Oʻz qoʻli bilan oʻldirmoqchi edi...

Asadbek «Endi nima deysan?» deganday Kesakpolvonga qaradi. Unga Chuvrindining tadbiri ma’qul kelgan edi. Kesakpolvonga esa bu ish ham qingʻirday tuyulib, bir qimirlab oldi.
— Jamshidni chaqir, — deb buyurdi Asadbek Chuvrindiga.

Chuvrindi chiqib, Boʻtqaga buyruqni yetkazib kelgach, Asadbek Kesakpolvonga qarab turib soʻradi:
— Xoʻsh, oʻlik topib kelib yoqibsanlar, meni ishontirdinglar. Oʻrganning odamlari ham ishondi. Ikkita kavkazlik qulogʻini ushlab ketvordi. Xoʻsh, endi tirikligi ma’lum boʻlganda nima deysanlar?
— Buni ukaxoningdan soʻra. Necha kundan beri oʻylab qoʻygandir?
— Oʻylab qoʻydim, — dedi Chuvrindi uning pichingiga e’tibor bermay. — Katta yoʻlda Jamshidni noma’lum odamlar toʻxtatishadi. Behush qilib olib ketishadi. Bir necha oy qorongʻu yertoʻlada saqlashadi.
— Maqsad?
— Maqsadmi... pul talab qilishadi.
— Kimdan?
— Oʻzidan.
— Nimaga chiqarishdi. Pul berildimi?
— Ha...
— Xom gaplar bu. Koʻcha-koʻydagi odamlar uchun. Uning tirikligini bilsa anovi zumrasha prokuror titib qoladi. Avval seni chaqiradi.
— Yana bir yoʻli bor.
— Qanaqa?
— Qiz masalasi. Qizni aldagan boʻlishi mumkin. Uylanishga rozi boʻlgach, chiqarishadi.
— Uylantirasanmi?
— Ha, oʻziga yoqadigan bittasi bor.
— Oʻylab ish qil.

Jamshid masalasi shu tariqa hal etilgach, Kesakpolvon Sharif Namozov Moskvaga olib ketilganini aytdi.
— Prokuror bolani ertasigayoq chiqarib yuborgan. U oʻzining ishini qilib yuribdi. Sharifni qoʻliga kishan urib olib ketishdi. Indamay qarab tursak boʻlmas.
— Qilichga tegmabdimi?
— Yoʻq, bir marta soʻroq qilgan. Suvdan quruq chiqdi, xumpar.
— Shunisi gʻalati, — dedi Chuvrindi.
— Nimasi gʻalati? — dedi Kesakpolvon ensasi qotib.
— Suvdan quruq chiqqani. Krasnoyarga yuborgan molning darrov qoʻlga tushgani ham qiziq.
— Molning iziga Xongirey tushgan devdim-ku, — dedi Asadbek. Soʻng bir oz oʻylandi-da, davom etdi: — Xongireyga Hosil yetkazgan... Hosilga...
— Men senga aytuvdim, — dedi Kesakpolvon. — Qamoqdaligida uni Gʻilay yoʻqlab turgan. Hosilga ham xizmat qilgan u xunasa.
— Buni isbot qilish kerak, — dedi Chuvrindi.
— Qiyin emas. Ruxsat bersang... — Kesakpolvon shunday deb Asadbekka yuzlandi.
— Yoʻq, hozircha jim turlaring. Sharifni nima qilishni oʻylash kerak.
— Yoʻqotish kerak, — dedi Kesakpolvon.
— Haydar akam toʻgʻri aytadilar. Vinzavodni kavlashtirish toʻxtatilmasa gazak olib ketishi mumkin.
— Xongireyga aytamiz. Oʻzi pishirgan oshni oʻzi ichsin. Shu ish bilan borilsa, oʻzi hal qiladi. Mahmud, otlan, oʻzing borib kel. Ehtiyot boʻl, yana Sharifning kallasini qoʻlingga tutqazib yubormasin. Haydar, sen Sharifning oilasidan xabar olib qoʻy. Uyi bitganmidi?
— Yoʻq, chala edi, — deb javob berdi Chuvrindi.
— Bitirib berlaring. Bu olimchadan ish chiqarmikin, devdim, boʻlmadi. Mayli, bola-chaqasi bizdan ranjib yurmasin.

3

Boʻtqa eshikni ochib, Jamshid kelganini ma’lum qilgach, kirishga ijozat etildi. Jamshid ichkariga qadam bosib salom berdi-da, ikki-uch qadam bosib, xona oʻrtasida toʻxtadi. Uch juft koʻz unga tikildi. U esa «Mana, men keldim, yana oʻlimga hukm qilasizmi? Gunohim nima mening?» deganday Asadbekka qaradi.
— Toʻgʻrisini ayt: koʻnglingda alaming bormi?
— Bek aka, men sizga hech qachon yolgʻon soʻzlamaganman. Hozir ham toʻgʻrisini aytaman: ozgina bor.
— Chiqarib tashla. Yana biz bilan birga boʻlishni xohlaysanmi?
— Xohlayman.
— Bizning ishda gina-qudurat boʻlmaydi. Faqat... Qadamingni bilib bosib yur, bola. Bor, ishingni qilaver.

Shu bilan «Yarashuv» marosimi yakunlandi. Jamshid kelayotganda «Gunohim nimaligini soʻrayman», deb qasd qilgan, Asadbek ham undan shu savolni kutgan edi. Savol berilgan taqdirda javob berish istagi yoʻq edi. Jamshid eslilik qilib gapni chuvamadi. Bu ishi Asadbekka ma’qul keldi. U «Ishingni qilaver» degani bilan Jamshidni hali kechirmagan edi. Hali ham «Zaynab bilan don olishgan», degan fikr uni tark etmagandi. Avvalo Jamshidga mehri borligidan, qolaversa, a’yonlari oʻrtaga tushgani uchun yon bosdi.
— Bek aka, avvalgidek yoningizda boʻlsinmi? — deb soʻradi Chuvrindi.
— Yoʻq, — dedi Asadbek bosh chayqab. — Mendan nari yursin. Iloji boʻlsa, koʻzimga koʻrinmagani ma’qul. Mahmud, uning har bosgan qadami uchun sen javob berasan.

Mahmud Moskva safari tadorigini bahona qilib chiqqach, Kesakpolvon Asadbek bilan birpas gaplashib oʻtirdi-da, u ham «Qilichni topib gaplashay», deb oʻrnidan turdi. Koʻchada, videobar eshigiga yaqin yerda turgan bir ayol koʻziga issiq koʻrindi. Ayol oʻtkinchi emas, videobar eshigiga betoqatlanib qarab-qarab qoʻyardi. Kesakpolvon unga yaqinlashdi-da:
— Ha, singil, birovni kutyapsizmi? — deb soʻradi.
— Shu idorada ishim bor edi, — deya ayol videobarni koʻrsatdi.
— Kimda?
— Asadbek akada...
— Asadbekda nima ishingiz bor?
— Oʻzlariga aytaman.
— Menga aytavering. Asad kasal. Men uning sherigiman.
— Men... Sharif akaning ayoliman.

Kesakpolvon tanidi. Tanisa ham tanimaganga olib soʻradi:
— Qaysi Sharif?
— Haligi vinzavoddagi... Namozov.
— Ha, umi? Qamalibdi, deb eshitdim, rostmi?
— Rost... — Nasiba koʻziga yosh oldi. — Har kuni qatnayman. Koʻrsatishmaydi ham, ovqat ham olishmaydi.

«Moskvaga olib ketilganini bilmaydi shekilli?» deb oʻyladi Kesakpolvon.
— Xavotir olmang, chiqib qolar...
— Sharif akamni olib ketishgandan keyin bitta yigit keldi. Pul talab qildi.
— Yigit? Qanaqa yigit?
— Tanimayman. Juda xunuk... Oldin oʻtirganlarida birga oʻtirgan ekan. Yuz ming soʻradi. Pul yoʻq, devdim, bolamni... oʻgʻirlab ketishdi... — Nasiba hoʻngrab yubordi.
— Yigʻlamang, singlim, — deb yupatgan boʻldi Kesakpolvon.
— Yordam bering, jon aka, sizlardan boshqa kimga boraman.
— Yordammi?.. Bizda bunaqa pul yoʻq, singlim. Qarindosh-urugʻdan yigʻing. Ja boʻlmasa uyni soting. Uy azizmi, bola azizmi?
— Oʻsha yigitni... bilmaysizlarmi?
— E, yoʻq, singlim. Biz bunaqa jinoyat ishlarga aralashmaymiz. Bizga tinchlik kerak, endi bu yerga boshqa kelmang.

Ezilib ado boʻlayozgan Nasiba soʻnggi umidini shu yerga koʻmib, orqasiga oʻgirilib qayta boshladi. Videobardan chiqib kelgan Asadbek uni koʻrib Kesakpolvondan:
— Kim u, yigʻlab ketyaptimi? — deb soʻradi.
— Sharifning xotini. Erimni chiqartirib beringlar, deb kelibdi. «Xoʻp, harakat qilamiz», dedim.
— Yaxshi aytibsan, xabar olib tur.

XIX bob

1

Chuvrindi Moskvaga bordi-yu, keldi. Xongireyning bu ishga aralashishiga hojat qolmadi.

Unga qadar Sharif Namozov oʻzini oʻrab olgan balo buluti orasida koʻp azoblar chekdi.

Avvaliga...

Zohid qamoqxonada adolat xususida oʻylayotganda, Sharif Namozov ham aynan shu haqda fikr yuritardi. Ular bir narsa haqida oʻylaganlari bilan adolat toʻgʻrisidagi tushunchalari turlicha edi. Zohid adolat uchun kurashguvchi toifadan, Sharif esa oʻziga adolat yuzasidan muomala qilmoqliklarini talab etuvchi xilidan edi. Zohid «Nima uchun adolat toptaladi? Adolatni qanday himoya qilmoq, qanday tiklamoq mumkin?» deb fikr yuritsa, Sharif Namozov «Men iqtidorli olim boʻlsam, ishlarim bilan chet el ham qiziqsa, nima uchun menga adolat qilmaydilar», deb nolir edi.

Sharif Zohiddan farqli oʻlaroq, ikki oʻt orasida edi.

Bir oʻtni qamoqdan kelib, yuz ming talab qilayotgan nusxa yoqardi. Bu oʻtda oilasining kuyishi ehtimoli ham bor. Ikkinchi oʻtni shim kiygan, chigirtkasimon tergovchi xotin yoqardi. Bu oʻtdan ham oilasi jabr koʻrmogʻi mumkin.

Bu ikki oʻtning baravariga, bir kunda yoqilishi shunchaki tasodifmi yo atayin uyushtirilganmi, bilolmay garang edi. U moskvalik tergovchi bilan yana uchrashishni oʻylaganida badaniga titroq yugurardi. Nasibani sharmandalikdan qutqarish uchun olmagan pulni oldim, dedi. Endi u «Pullarni topasan», deb zoʻrlaydi. Yana qiynaydi. Oʻzini qiynasa mayli, oilasiga tegmasa boʻlgani... «Ishqilib Nasiba bolalarni olib biror yoqqa qochsin»da», deb orzu qildi.

Sharif Namozov bir fikrning tagiga yeta olmas edi: unga nima uchun osilib qolishdi? Axir u amal talashmasa... Ilmiy ish bilan shugʻullanib yurgan odam edi. Bosh muhandislikni berdilar. Keyin choʻntagiga qora dori solib, qamatishdi. Qamoqdan oʻzlari chiqarishdi. Keyin... biratoʻla rahbarlikni berishdi. Kerakmi edi, unga bu rahbarlik? Avvaliga kerak emas edi. Keyin uning shirasi yoqa boshladi. Bosh muhandisligida-ku, haqiqat talab qilgan edi. Endi hech narsa talab qilmadi. Baribir... Aksiga olib portgugaliyaliklar ham jimib ketishdi. Buni ham Sharif shu odamlardan koʻrdi. Oʻzining qora doriga oʻrganib qolganini hisobga qoʻshmadi.

U tergovchi bilan uchrashuvni qoʻrquv bilan kutayotganda eshik sharaqlab ochilib, soqchi:
— Namozov! Chiq! — deb buyurdi.

Dilgir oʻtirgan Sharif soqchining amrli ovozini eshitib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Qamoqxonada yolgʻiz ezilib oʻtirish durustmi yo tergovchi bilan uzundan-uzun suhbat qurishmi — bilmasdi.

Soqchi dahlizdagi sherigiga Sharifni topshirib, oʻzi eshikni sharaqlatib yopdi.

Xuddi avvalgi qamoqdaligi kabi...

Koʻngliga «Chiqarib yuborishsa edi», degan umid quyoshi moʻraladi.

U avvalgi safardagiday yurib bordi. Faqat... Zinalardan pastga emas, yuqoriga koʻtarildi. Hovliga chiqmadi, balki yana uzun dahliz boʻylab yurdi. Endi u tergovchi bilan uchrashuvi aniqligiga ishondi. Soqchi Sharifni chogʻroq xonaga boshladi. Avvalgi safar bunday xonada qaldirgʻoch moʻylovli yigitga duch kelgan edi. Bu safar bir semiz odamga roʻpara boʻldi. Bu semiz ham oʻsha moʻylovli yigitga oʻxshab, faqiriga mensimay qaragan podsho kabi ilkis nazar tashlab qoʻydi. Qandaydir qogʻozlarga imzo chekdi. Yigit shunday qilib turib:
— Namozov, siz ozodsiz. Ayblaringiz isbotlanmadi, — degan edi.

Bu semizdan ham shunday soʻz kutdi. Ammo uning oʻrniga u odam:
— Qoʻllaringni uzat! — deb buyurdi.

Sharif amrni beixtiyor bajarishi bilan, u chaqqonlik bilan bilaklariga kishan soldi-da:
— Boʻldi, olib chiq, — deb orqadagi soqchiga buyurdi.

Avvalgiday boʻlmadi. Uni hammayogʻi berk mashinaga chiqardilar. Mashina tebranib, ancha yurganidan soʻng bir joyda koʻp vaqt toʻxtab turdi. Sharif uchoqlarning ovozini eshitib, ajablangancha oʻtiraverdi.

Mashina eshigi ochilgandan soʻng u oʻzini bahaybat uchoq oldida koʻrdi. Mashinadagilar uni Berger bilan Vladga topshirishdi-da, qogʻozlarga qoʻl qoʻydirib olib, izlariga qaytdilar. Vlad kurtkasini yechib Sharif-ning qoʻllarini bogʻlab turgan kishan ustiga tashladi. Bir yonida Berger, bir yonida Vlad bilan Sharif xuddi xavfli jinoyatchi kabi uchoqqa chiqdi. Uning qoʻllari kishanlanganligini uchoqdagilarning koʻpchiligi sezmadi ham. Ustida plashchi bor odam nega charm kurtkani quchoqlab olibdi, deb oʻylaguvchilar ham boʻlmadi.

Uchoqda deraza tomonda Arina Berger, oʻrtada Sharif, chetda Vlad oʻtirdi. Uchoq bekasi suv olib kelganda ham, ovqatlanish paytida ham kishan yechilmadi. Berger «Gʻiring desang yoki qimirlasang otaman» degani uchun jim oʻtiraverdi.

Jim oʻtirmaganda nima boʻlardi?

Deylik, u kishanli qoʻllarini koʻtarib «Birodarlar, meni qutqaringlar, bular meni begunoh qamashdi! Bularda insof yoʻq! Bular xotinimni ham zoʻrlamoqchi boʻlishdi!» degani bilan birov oʻrnidan turarmidi? Nari borsa qayrilib qarab qoʻyishadi. Insoflirogʻi «Bechora» deb achinib qoʻyadi. Shu xolos... Adolat istab baqirgani uchun oʻq yemagan taqdirda ham boʻyniga Vladning gurziday mushti tushishi tayin.

Uchoqdan hammadan keyin tushishdi. Ularni hammayogʻi berk mashina kutib turardi. Berger uni qamoqxona vakillariga topshirib, oʻzi Vladni qoʻltiqlagancha nari ketdi. Uchoqdan mashinaga chiqquniga qadar Sharif qor boʻronida sovqotdi. Tishlari ham takillab qoldi. Mashina avvaliga iliq tuyulgan edi. Dam oʻtmay ayoz zabtiga oldi.

Uni «Matroskaya tishina» degan sururli nomda yuruvchi Moskvaning qadimgi turmasiga olib keldilar. Soqchi ikki tomoni temir eshiklardan iborat dahlizdan oʻtgach, oxirgi eshikni ochdi-da:
— Joy yoʻq, bitta-yarimta bilan galma-gal yotasan, — deb kiritib yubordi.

Bu ogohlantirish Sharifga gʻalati tuyuldi. U mehmonxonalarda «joy yoʻq» degan gapni koʻp eshitgan, ammo qamoq, ayniqsa, ikki qavatli karavotlar bilan toʻla xonada joy boʻlmasligi uning uchun ajablanarli edi.

Chindan ham bu katta xonada turgan ham, oʻtirgan ham, yotgan ham koʻp edi. Havo issiq, nafas olish ogʻir edi. Qariyb ikki soatdan oshiq sovuq mashinada oʻtirgan Sharifga issiq xush yoqib, avvaliga badboʻyga uncha e’tibor bermadi.

U nima qilishini, qaerga oʻtirishni bilmay eshik yonida qaqqayib turib qoldi.

Qadim oʻtgan shoir:

«Sipoh gardidin boʻldi olam siyoh.

Na xurshid koʻrundi unga, na moh»,

deb yozganida mana shunday qamoqxonadagi tirbandlikni ham nazarda tutganmikin?

Bunda kissavur ham, kallakesar ham, xizmatchiyu olim ham — barchasi jamlangan edi.

Bunda ham maxsus burchak — qimorxona mavjud edi.

Bunda najas, shiptir hidi ham, tamaki, ter hidi ham, xullas, dunyodagi barcha sassiq hidlar toʻplangan edi.

Sharif e’tiborini burchakdagilarga qaratdi: ularning «ish kuni» avjida. «Bular ham tilla tishlarni sugʻurarmikanlar», deb oʻyladi Sharif.

Tura-tura oyoqlari tolgan Sharif choʻk tushib oʻtirib, devorga suyandi. Dam oʻtmay devorning zaxi badaniga oʻtib, junjikdi. Unga birov «beri kel» deb lutf qilmadi. Bu orada ovqat berdilar. Eplagan oldi, eplay olmaganlar keyingi ovqatga umid qildilar. Sharif shu umidvorlar qatorida qoldi.

Badani zirqirab, yotgisi keldi. Yaqindagina bir kishi yotib turgan karavotga yaqinlashib «Birpas yotay», deb soʻradi.
— E, yoʻq, hozir kelib, hozir yotaman, deb oʻylayapsanmi? Bu yerda yotish huquqini olish uchun uch-toʻrt kun yerda yotib pishasan, — dedi karavot egasi.

Bu gapdan boshqalar kuldi. «Bir pas yota qolsin», deydigan insof egasi topilmadi. U noiloj devor tomonga qaytib choʻkdi. Shu ahvolda birpasgina mudradi. Shu mudrashda tush ham koʻrdi:
— Nimalar qilib qoʻydingiz, adasi? — dedi Nasiba bosh chayqab.
— Nima qilibman?
— Ularga yaqinlashmang devdim, quloq solmadingiz.
— Adashdim, Nasiba...
— Siz ilmingizga xiyonat qildingiz. Xudo sizga aql bergan edi, siz aqlsizlar bilan qoldingiz...
— Xudo kechirsin...

Boshi chayqalib uygʻondi.

Kuni shu zaylda boshlanib, shu zaylda davom etdi. «Karavotingda yotay», deb boshqa yalinmadi. Xuddi koʻchadagi tilanchilar kabi choʻnqayib oʻtiraverdi.

Qancha vaqt oʻtganini bilmaydi. Badanida titroq uygʻondi. U dorining xumori tutdi, deb oʻyladi. Aslida uning isitmasi koʻtarila boshlagan edi. Anchagacha chidadi, soʻng titragan holda oʻrnidan turdi. Burchakda qimor oʻynayotganlar tomonga najot bilan qaradi. Ularning oʻyin paytida nasha tortish odatlari boʻlardi. Hech boʻlmasa bir tortarman, hech boʻlmasa tutunini hidlarman, deb oʻsha tomonga yurdi. Davraga yaqinlashganda oʻtirganlardan biri oʻgirilib qarab:
— Nima deysan? Oʻynamoqchimisan? — deb soʻradi.
— Oʻynardimu... pulim yoʻq-da... — dedi Sharif.
— Puling boʻlmasa joʻna.
— Bir torttiringlar...
— Nima?
— Qurugʻidan... faqat bir marta.
— Joʻna dedim.

Sharif haqoratlangan odam qiyofasida oʻgirilganda davradagilardan biri unga marhamat qildi. Chekib ado boʻlayozgan oʻrama papirosni berdi. Sharif yutina-yutina tutatib joyiga bordi. Avval choʻnqaydi. Soʻng yotib oldi. Nasha ta’sirida sal rohatlanganday boʻldi. Nashaning kuchi qirqilib, isitmasi yana koʻtarilgach, bezovtalana boshladi. U uchoqdan mashinaga chiqquniga qadar, soʻngra yoʻldagi sovuqda shamollaganidan, zotiljam xastaligi vujudiga hukm oʻtkaza boshlaganidan bexabar edi.

Sharif ogʻzi qurigan, titragan holda qaddini arang koʻtardi. Picha devorga suyanib oʻtirdi. Soʻng qiynalib boʻlsa-da, oʻrnidan turib burchakdagi davraga asta yurib yaqinlashdi. Uning bu turishi koʻcha-koʻyda xorlanib yuradigan mayparastlarning ayni oʻzi edi. Davradagilardan biri ijirgʻanib:
— Yana nima deysan? — dedi.
— Bitta torttiring.
— Torttiraymi? Hozir, — u shunday dedi-da, Sharifning yuziga musht tushirdi. Keyin uning behush tanasi tepki ham yedi. Sharif shu holida ancha yotdi. Soʻngra atrofdagilar unga rahm qilib, joyiga — devor yaqiniga, muzdek beton ustiga yotqizib qoʻydilar. Davradagilardan biri yozilib chiqayotib, hali ham qimir etmay yotgan Sharifga e’tibor berdi. Joyiga oʻtirayotib:
— Sasha, nima balo oʻldirib qoʻyding shekilli, qoravoy qimir etmay qolibdi, — dedi.

Urgan yigit avvaliga qoʻl siltadi, soʻng «Hozir oʻziga keltiraman», deb oʻrnidan turdi-da, Sharifning bilagini ushladi.
— Tirik. Qoravoylarning joni qattiq boʻladi. Hozir nashatir spirt beramiz, — dedi-da... Sharifning ustiga tahorat ushatdi. U to ishini tugatguncha davradagilar kulgilari bilan quvvatlab turishdi.

Sharif chindan ham tirik edi. Hushi ham oʻziga qaytgan, faqat holsizligi tufayli qimirlay olmayotgan edi. U kaltaklagan yigitning nima qilayotganini avval tushunmadi. Soʻng xoʻrlik va alamdan boʻgʻildi. Oʻrnidan turmoqni, uning boʻgʻziga chang solmoqni istadi. Bor kuchini toʻplab turishga intildi, biroq gavdasi oʻziga boʻysunmadi: yerparchin boʻlib qolaverdi. Istakni bajarish uchun quvvat kerak. Uni esa quvvat tark etgan edi. Bir ozdan keyin sudralib quruqroq joyga oʻtdi. Koʻngli aynib, oʻqchidi. Ichida hech narsa boʻlmagani sababli qayt qilolmadi.

Karavoti borlar yotib uyquga ketishdi. Demak, kech kiribdi...

«Men necha kundan beri bu yerdaman? Meni buncha xorlashadi? Bu xorlikdan oʻlganim yaxshi emasmi? Yaxshi... Ammo oʻlishning chorasi bormi?» deb oʻyladi Sharif.

Uning fikri qat'iylasha boshladi. Oʻlimni chaqirdi.

Qani endi oʻlim hazrati oliylari kela qolsa, shoshila qolsa...

Oʻlim-ku kelar, ammo qay holda jon beradi? Hayotda omadsiz edi, oʻlimda ham shunday boʻladi shekilli? Itday xor boʻlib oʻladi, murdasini itning oʻligiday olib chiqib tashlashadi. Koʻmishadimi yo kuydirisha-dimi?

«Nima qilsa qilar, shu yerdan qutulsam boʻldi», deb oʻyladi u.

Hozir Sharif Nasibani, bolalarini oʻylamas edi. U azoblardan qutulish yoʻlinigina axtarardi...

Qadimning alloma shoiri aytganidek:

Kishidinki qaytti jahon ichra baxt,

Oʻzi zor boʻlur, ishi barcha saxt.

Agar qochsa har sori yeldek, qazo

Anga yetkurur javru dardu balo...

Qazo uni quvib yurgan ekan. Quva-quva shu sassiq qamoqxonada boʻgʻzidan ushladi.

Sharif sal oʻziga kelgach, oʻrnidan turib gandiraklaganicha burchakdagi davraga yaqinlashdi.
— Nima, yana tortging kelyaptimi? — deb soʻradi mushtlagan yigit.
— Yoʻq, pichoq berib turinglar.
— Nima qilasan?
— Tuflim qisyapti, orqasini kesib qoʻyay.

Mushtlagan yigit uning oyogʻiga qaradi:
— Yap-yangi tufli ekan, yech, senga boshqasini beramiz.

Sharif oʻtirib tuflisini yechib berdi. Yigit uzatgan tuflini kiyib:
— Bu ham siqyapti, pichoq berib turing, — dedi.

Mushtlagan yigit u tomonga chirt etib tupurdi-da, koʻkrak choʻntagidan buklama pichoqcha chiqarib uzatdi. Sharifga goʻyo u najot qayigʻini uzatgandek boʻldi. Sharif joyiga qaytib oʻtirdi. Nimalarnidir oʻylaganday boʻldi. Aslida oʻylamadi. Oʻylay olmas ham edi. Ham xumor azobi, ham isitma uning miyasini shol qilgan edi.

U oʻtira-oʻtira oxiri avval oʻng, soʻng soʻl bilak tomirlarini kesib tashladi.

Shundan soʻng azob chekinib, huzurlandi.

Shu paytgacha bu qadar huzur koʻrmagan edi...

XX bob

1

Toshbaqa jayronni quvib yetib gʻajib tashlashi mumkin boʻlmaganidek, Zaynabning oʻz orzulariga yetmogʻi mumkin emasdi. Ruhidagi Kumushbibini osib, otasi-ning yoʻlini tanlagan kezda, dastlabki qasosning achchiq mevasini tatib, koʻngillari ezilganda, ja’miki erkak zotidan nafratlanib yurgan paytlarda Jamshidning tirik ekanini, uyiga qaytganini eshitdi. Eshitdi-yu, osib oʻldirilgan ruhi tirila boshladi.

Bu xabarni Haydar amakisidan eshitgani uchun darrov ishondi. Kesakpolvon bu xabarni Zaynabga bekor yetkazmadi. Asadbekning «Jamshid mendan nari yursin», degani bir jihatdan ma’qul boʻldi. Buni oʻzicha Chuvrindi qanotining qayrilishi deb angladi. Jamshidni oʻz tomoniga ogʻdirish rejasini tuza boshladi. U hojasining oʻshandagi gʻazabini uygʻotgan sababni oʻzicha taxmin etardi. Yangilikni eshitgandagi Zaynabning holatini kuzatib, toʻgʻri yoʻl tanlaganiga ishonch hosil qildi. U Zaynabga valine’mat boʻlganiga toʻla ishonardi. Demak, uning muhabbati orqali Jamshidga ta’sir etish mumkin, deb hisobladi.

Chindan ham Zaynabning Jamshidga muhabbati oʻlmagan edi. Jamshidni har eslagan zamonda ruhi hayqirar edi. Endi bu hayqiriq uning qasamlari toʻgʻonini buzdi. Erkak zotiga boʻlgan nafrati ham istisno tariqasida susaydi. Uning nazarida Jamshid dushmanlarni yengib, suyuklisi bagʻriga qaytgan Otabek timsolida gavdalandi. Faqat... Otabek suyuklisi uchun kurashgan edi. Xomidlarni oʻldirgan edi. Zaynabning Otabegi esa bir odamning qahridan choʻchib, jon shirinlik qilib qochvordi...

Xayoliga shu fikrlar kelib, oʻylandi:

«Hozirgi vaqtda bormi Otabeklar?..»

Zaynab Kumush boʻla olmadi, ammo Tuproqbibi boʻlgani rost, tuproqdan-da battar boʻlgani rost. Otabegi esa... «Nahot koʻnglida zarracha muhabbat boʻlmasa... Nahot qalbida muhabbati yoʻq insonning bu dunyoda yashamogʻi mumkin boʻlsa?..» — Zaynab yecholmayotgan jumboqlar bular.

Kumushning Otabegi bir goʻzal maktub bitgan edi. Zaynab bu maktubni yod olgan, xayolida Jamshiddan shunga oʻxshash maktublar olib turar edi.

Zaynab Jamshidning tirikligidan bir quvonib, yoʻqlamagani uchun bir ranjib, turli fikrlar oʻtida qovrilib boʻlgach, sogʻinchdan entikkan yurak yana oʻsha maktubni qoʻmsadi-yu, «Oʻtgan kunlar»dagi satrlarni oʻziga mosladi.

«...Suratini koʻz oʻngidan ketkiza olmagan, Otabekning (ya’ni Jamshidning) yuzini koʻrolmay, soʻzini eshita olmasa ham yozgʻan xatini oʻqub eshitish Kumush (ya’ni Zaynab) uchun katta qiymatga molik edi. Otasi (xatni otasi emas, Haydar amakisi berar) yoʻlakdan kirishi bilan latif koʻkragi kuchlik tin olish ila koʻtarilib tashlandi-da, goʻyo Otabek (ya’ni Jamshid) bilan uchrashaturgʻondek yuragi oʻynamoqgʻa boshladi...»

Haydar amakisidan xatni olgach, u ham Kumushbibi singari uyalib-netib turmaydi. «...qizargʻan, qizargan emas, ich-ichiga botgan shahlo koʻzlari, yosh bilan singʻan jingala kipriklari, chimirilgʻan toʻsdek qora qoshlari uni allaqanday bir holga» qoʻyadi. «Qoshi ustiga toʻzgʻib tushgan sochlarini» tuzatmayoq xatni oʻqiydi.

Kumushning Otabegi «oy yuzli rafiqam, qunduz qoshli ma’shuqam Kumushxonimga!» deb boshlagan edi. Jamshid akasi soddagina qilib: «Salom, Zaynab!» deb boshlasa ham mayliga.

Kumushning Otabegi:

«Shayton ustasi boʻlgan Xomidning manim otimdan sizga yozgʻan taloq xatisi ila menga qarshi yonib ketgan yurakingizning nafrat oʻti ehtimol endi oʻcha tushkandir. Soxta taloq xatini olgʻan soʻngingizda menga xitob qilib yozgʻan fikrlaringizdan ehtimol endi qaytayozgʻandirsiz... Bu xatni yozar ekan, muhabbatingiz bilan toʻluq boʻlgʻan yuragim mudhish bir haqiqat ehtimolidan yafroq kabi titrar va oʻzining toʻlib-toshqan hasratlarini, faryodlarini ifodasidan adashar edi...»

«...Menim uchun koʻyingizda va oyogʻingiz uchida jon berish juda shirin edi va koʻbdan beri gʻoyam edi. Shuning uchun yaqinrogʻingizda oʻlmak uchun, oʻlar ekanman, soʻng daqiqamda yana bir martaba boʻyingizni olib oʻlish uchun dushman tomonidan uyingizga ochilgan tuynukchaga kirdim. Kirdim-da, sizning boʻyingizni oldim, hafif tin olgʻandagʻi latif uxlagʻan tovshingizni eshitdim...»

«...Ba’zi ehtimollarga qarshi siz bilan koʻrishmak menga muyassar boʻlmadi. Umrimda birinchi martaba koʻngil orzusigʻa qarshi bordim. Chunki manimcha oradagʻi qora tikon supirilgan edi. Mundan soʻng hamisha meniki edingiz. Men Toshkandda yurarman, ammo koʻzim oʻngida sizning haykalingiz! Ajabo, busiz menga mumkinmi?»

Zaynabning xayolidagi Otabegi shu xilda yoza bilarmi edi? Chiroyli soʻzlar topolmasa-da, xunuk dagʻal soʻzlar ila yozsa-da, mayli edi. Nima deb yozsin? «Otang meni oʻlimga hukm etdi», desinmi? Otasini «dushmanim» atasinmi? Taloq xati-chi? Taloq xati bermoq uchun nikoh lozim. Nikoh esa... yoʻq. Oʻrtada faqatgina Zaynabning arosat muhabbati bor. Kumushning Otabegi uchun ma’shuqasining oyogʻi uchida jon berish shirin edi. Uniki esa... Akalari «qoch!» deb edi, qochdi...

«Mundan soʻng hamisha maniki edingiz...»

Qani endi shunday desa. Oddiygina qilib, bir buyumga nisbatan aytganday «Sen — menikisan!» desa ham mayli.

Yoʻq... yozmadi, yozmaydi ham.

Otabeklar bormi oʻzi dunyoda?..

Osmonda uchgʻuvchi qushlarning barchasi burgut boʻla olarmi ekan?

Osmonda burgutlar bormi ekan?..

Bularni koʻp oʻyladi. Oxiri «xat yozmasalar ham mayli, bir kelib-ketsalar-chi, hech boʻlmasa uzoqdan koʻray» deb umid qildi. Bechora juvon Jamshid uchun bu koʻchadan oʻtish ta’qiq etilganini qaerdan bilsin?

Xat olish umidi sarob ekaniga oʻzini ishontirgach, tunning halovatsiz ogʻushida suygani bilan koʻrishmoq onlarini xayolida jonlantirdi...

«—Zaynab, men seni sogʻinib keldim... Esingdami, oxirgi uchrashuvimizda «Mening oʻrnimda hayvon boʻlganida xoʻrlanishiga chidolmay, hech boʻlmasa oʻkirardi. Egasining rahmi kelardi. Egasi xoʻrlatib qoʻymas edi», deganding. Sen koʻp xoʻrlanding, bunga men aybdorman. Meni kechir, men sen uchun oʻch olaman! — deydi.
— Qanday oʻch olasiz?
— Avval otarchini oʻldiraman, bilaman, seni u zoʻrlagan.
— U mening erim. Oʻch olishingizga yoʻl bermayman.
— Men seni undan tortib olaman.
— Yoʻq... Endi kechikdingiz. «Sen singlimsan», degan edingiz. Siz... akam boʻling...»

Shunday deydi...

Ammo xayolidagi bu gaplar ham amalga oshmaydi. Jamshidni yana ancha vaqt koʻrmaydi. Faqat... Janozada uzoqdan bir koʻradi. Koʻradi-yu, ammo yuragi «jiz» etmaydi. Ruhidagi Kumushbibini osgan Asadbekning qizi bu paytga kelib qalbini muhabbatdan tozalashga erishgan edi.

2

Muhiddin ota ketayotgan chogʻida Kesakpolvon bilan suhbatlashib turgan Jalilni chetga tortib «Ogoh boʻlib turing. Hozircha shifoga umid bor. Ammo bir sabab boʻlib, yana orqaga siljib ketish ehtimoli mavjud ekan», deb shipshigan edi. Kesakpolvon «Oqsoqol nima dedi?» deb soʻrayvergach, Jalil aytdi. Har holda Asadbekning davolatish ishida ular hamfikr edilar. Shu sababli ham Jalil uning bu haqiqatdan ogoh boʻlishi foydadan holi emas, deb oʻyladi.

Bu xabar chindan ham Kesakpolvon qalbining mogʻor bosgan qismida payt poylayotgan niyati uchun foydali edi. Kesakpolvon «Baribir oʻladi, shekilli», deb taxt sari yoʻldagi gʻovlarni surish harakatini tezlashtirdi.

Qadimda mushriklar sanamlarning haykallarini yasab olib sigʻinishar ekan. Ularning aqidasiga koʻra, bu sanam — Xudoning qizi. Ular ana shu sanamga sigʻinish bilan uning otasiga — Xudoga yaqinlashmoqni niyat qilar ekan.

Kesakpolvon rejalarining biridan ana oʻsha mushriklarning hidi kelib turardi. Taxtni egallash yoʻlidagi muhim masalalardan biri — Zaynab bilan yaqinlashuv edi. Garchi Mardona voqeasida Zaynabning otasi yoʻliga yaqinlashuvi hali uzoq ekanini anglagan boʻlsa-da, fikridan voz kechmadi. Bil'aks, u bilan koʻproq uchrashadigan boʻldi. Oʻz xayolida Zaynabni qayta tarbiyalay boshladi.

Ana shu kunlarning birida Xumkalla unga gʻalati xabar yetkazdi. Halimjon degan yigit u bilan suhbatlasha turib, gapni aylantira-aylantira «Hosilboyvachcha qaerga koʻmildi?» deb soʻrabdi.

Bu xabar Kesakpolvon uchun kutilmagan yutuq edi. Hosilboyvachchaning qaerga koʻmilgani bilan hatto Asadbek ham qiziqmadi. Murdaning qaerga koʻmilganini Chuvrindi ham bilmaydi. Gʻilay unga aytmagan boʻlish kerak.

«Halimjon deganiga bu nima uchun kerak?» — deb oʻyladi Kesakpolvon. «Bunga faqat Xongirey yoki oʻrganning odami qiziqishi mumkin. Halimjon kim oʻzi? Uni Mahmud topgan. Mahmud... Chuvrindi ukaginam... Seni siylasam, chorigʻing bilan toʻrga chiqyapsanmi?.. Shunaqa qilaversang, bitta chorigʻing bilan qoldiraman, bola. Bek akang seni «aqlli» deydi. Ishqilib aqling seni goʻrga yetaklamasin-da... Men ham seni yaxshi koʻraman. Senga koʻp xizmatim singgan. Lekin oyogʻim orasida oʻralashaversang, xalaqit bersang, Bek Jamshidni ayamagandek, man ham senga rahm etmayman!»

Kesakpolvon bir necha fursat oʻz xayoliga bandi boʻlgach, javobga, aniqrogʻi maqtovga ilhaq Xumkallaga qaradi:
— Qaerga koʻmilganini soʻradimi?
— Soʻradi.
— Aytdingmi?
— Bilmayman-ku?

«Ha, bu bilmaydi», deb oʻyladi Kesakpolvon. Soʻng soʻradi:
— Bilsang aytarmiding?
— E, men jinnimanmi? Bunaqa gaplarning birovga aytilmasligini bilaman men.
— Gap bunday: sen Hosilboyvachchaning qaysi qabristonga koʻmilganini bilasan, — Kesakpolvon shunday deb qabriston nomini aytdi. — Koʻmishga Gʻilay birga borgan. Sen oʻshandan eshitgansan. Shu gapni qanaqasiga boʻlsa ham unga aytasan. Keyin besh-olti yigit shu qabristonni poylaydi. Qani bilaylik-chi, murda nima uchun kerak boʻlib qoldi ekan?
— Qoyillatamiz! — deb tantanali va’da bergan Xumkalla chindan ham bu gapni ishonarli qilib yetkazdi. Goʻyoki Asadbek Hosilboyvachchaning bu qabristonga koʻmilganini bilib, «Boshqa mozorga qoʻyish kerak edi», deb soʻkkan emish.

Halimjon bu xabarni kutilmagan muvaffaqiyat deb bilib, kerakli joyga yetkazdi.

Bu uning jiddiy xatosi boʻldi.

3

Halimjondan bu xabarni olgan Said Qodirov bir ishonib, bir ishonqiramay oʻylandi. Oʻylay-oʻylay Zohidni chaqirdi.
— Bir-birlariga urush e’lon qilmay turib, oʻzaro urushni boshlab yuborganlari rost chiqyapti, — dedi u. Soʻng Chuvrindining Moskvaga borib kelgani, Jamshidning paydo boʻlgani haqidagi kutilmagan yangilikni aytdi. — Bu yerda gʻalati oʻyinlar bor, iplarni rosa chigallashtirishgan. Chigalni yechishni boshlashimiz kerak.

Bu Zohidning koʻnglidagi gap boʻldi. Ammo endi chigalni yechish oson emasligini u bilib turardi. Ayniqsa Jamshidning paydo boʻlishi muammosi ajab hol edi.
— Sunnatullaevni kuzating. Hamonki, u oʻlmagan ekanmi, demak ikki choʻntaklarida toʻla bahona bor. Meni bir narsa xavotirga solyapti. Bizning odam dastlab Hosilboyvachcha qaerda koʻmilgani bilan qiziqqanda ularning odami aytmagan. Holbuki, u ham oʻsha kuni Asadbekning eski hovlisiga yaqin joyda poyloqchilikda boʻlgan. U qabristonni uch kundan keyin aytgan. Eng muhimi — gapni oʻzi boshlagan.
— Bizni chalgʻitmoqchi boʻlgan, demoqchimisiz?
— Chalgʻitishi bir masala. Ikkinchi masala — bizning odamga qarmoq tashlashgan. Undan shubhalanishgan boʻlsa-chi? Biz oʻsha qabristonni bossak, shubhalari tasdiqlanadi. Ana unda odamimizni ayab oʻtirishmaydi.
— Bu turgan gap. Ponani pona bilan chiqaradi, degan gap bor. Agar ular bizni chalgʻitmoqchi boʻlsa, biz ham shunday qilaylik.
— Masalan, qanday?
— Masalanmi... Boshqa bir-ikki qabristonni surishtirgan boʻlamiz-u, ular aytganga yaqinlashmaymiz.
— Butunlay borilmasa ham shubhali. Uch-toʻrt qabristondan soʻng u yerga ham oʻtish kerak. Hozir qoʻlingizda qanday ish bor?

Zohid Botirovning oxirlab qolayozgan «Ish»i haqida qisqacha ma’lumot berdi.
— Qabristonlar bilan oʻzingiz shugʻullaning. Goʻrkovlarda gap koʻp.

Bu tashrifdan soʻng Zohidning koʻngli yorishdi. Koʻchaga chiqqanda osmon oʻyini avjda edi. Bevosh bulutlar choki soʻkildi-yu, Zohidning koʻngliga hamohang ravishda quyosh bir charaqladi...

4

Omadli odamning xoʻrozi ham tuxum qiladi, deydilar. Keyingi kunlarda Kesakpolvon oʻzini ana shunday omadli his eta boshladi. Ular aytgan qabriston emas, boshqalarining tekshirilishi, goʻrkovlarning soʻroq qilinishi Halimjonga boʻlgan gumon olovini zarracha boʻlsa ham pasaytirmadi. Xizmatga kelgan dastlabki kunlarida boʻyin egmagan bu yigitni Kesakpolvon uncha yoqtirmas edi. Endigi qiziqishi tufayli uni qarmoqqa ilintirib, shu bilan Chuvrindi yuziga tarsaki urmoqchi, Asadbekni undan sovutmoqchi edi.

Ana shu tashvishlar bilan yurganida unga yana omad kulib boqdi: uyiga Mamatbey kirib keldi.

Kesakpolvon maishatni barvaqt yakunlab, uyiga tungi soat ikkilarda qaytgan edi. Mamatbey oʻn besh daqiqadan soʻng darvoza qoʻngʻirogʻini chaldi.

Kesakpolvon Asadbekka taqlidan boloxona qurdirgan, unda ikki yigit galma-galdan poyloqchilik qilishardi.
— Xoʻjayiningni chaqir, — dedi Mamatbey poyloqchiga.
— Siz kim boʻlasiz?
— Xongireyman, Maskovdan keldim.

Kiyimini almashtirayotgan Kesakpolvon yigitning gapini eshitib, «kallang bormi?» deb soʻkindi. Shubhasizki, u Xongireyning kelganiga ishonmadi. Ammo «Xongireyman», degan ahmoq kim ekan?» degan qiziqish bilan yelkasiga toʻn tashlab, darvozaxonaga chiqdi. Mamatbeyni koʻrishi bilan tanidi.
— Salom, qardoshim, Xongireydan senga ulugʻ salomlar, — dedi Mamatbey u bilan koʻrisha turib.
— Salomat boʻlsinlar, — Kesakpolvon shunday deb, uni uyga taklif qildi.
— Oʻzbeklarga qoyilman, — dedi Mamatbey, mehmonxonaga kirishi bilan, — dasturxoni doimo shay turadi.

Mamatbey izzattalab insonlardan emas edi. Kesakpolvon «Oling» deb taklif qilishi bilan dasturxondagi noz-ne’matlardan betartib ravishda iste’mol qila ketdi.

... Bu xonadonga u oʻz xohishi bilan kelmadi. Xongirey chindan ham Kesakpolvonga salom aytgan edi.

Chuvrindi yurtiga qaytgach, Xongirey bir rejani obdon pishirish uchun bir-ikki kun oʻylandi. Soʻng Mamatbeyni chaqirdi.
— Oʻzbeklarni nima qilsam ekan? — deb soʻrab, unga sinovchan tikildi.
— Ular oʻyin qoidasini buzishdi. Maydondan chiqarib tashlash kerak, — dedi Mamatbey dangaliga.
— Men ularni toʻsatdan chiqarib tashlay olmayman.
— Nega?
— Oʻzbeklarga qoʻl koʻtarishga haqqim yoʻq. Ular din qardoshlar, bu bir. Ikkilamchi, ular ustozimga non berishgan. Agar ularga qoʻl koʻtarsam Zeli ogʻamning ruhi chirqiraydi.
— Ularni jazosiz qoldirmoqchimisiz?
— Hosilni Asad oʻldirgan. Unga tegmasam ham erta-indin oʻzi oʻladi. Ikkita laychasini nima qilamiz?
— Ochigʻi... bilmayman, — dedi Mamatbey. U oson yoʻlini aytgan edi, hojasi unamadi. Mamatbey uning yashirin niyati borligini payqab, javobdan boʻyin tovladi.
— Bizga ularning bittasi kerak. Qaysi biri?
— Zoʻrrogʻi-da, — dedi Mamatbey.
— Qaysi biri zoʻr?
— Bilmayman.
— Shuni aniqlaysan. U ham zoʻr boʻlsin, ham bizga itoat etsin — Hosilning oʻrnini bossin. Oʻyla!

Mamatbey bosh egib, oʻylangan boʻldi. Keyin yelka qisib «Amr hojamdandir», degan ma’noda qaradi.
— Men Mahmudbeyga Asadning oʻrniga sen boʻlasan, dedim. U bir oz noz qildi. Lekin men bunaqa nozlarga ishonmayman. Hali taxtdan voz kechadigan ahmoq dunyoga kelmagan. Yuragiga choʻgʻ solganman. Ikkinchi choʻgʻni sen Gaydarga solasan. Ana endi ikkisi olishsin. Aqllisi, zoʻri qoladi. Bizga oʻshanisi kerak.

...Yarim kechada Kesakpolvon uyiga kelgan Mamatbeyning asosiy vazifasi shu — boʻlajak taxt egasi qalbiga choʻgʻ solish edi. Aslida bunda choʻgʻ emas, toʻgʻrirogʻi, olov mavjud edi. Mamatbey endi bu olovga moy sepib alanga oldirmogʻi darkor.
— Mahmudbey Maskovdan qanday gap olib keldi?— Mamatbey shu savolni berib, ayyorona kulimsiradi.
— U Xongireyning sovgʻasini olib keldi, — dedi Kesakpolvon, gapni qisqa qilib.
— Asadbeyning sogʻligʻi qalay?
— Yaxshi, — Kesakpolvon shunday deb ajablandi.
— Bu kasal yomon... oxiri olib ketadi...
— Nima deyapsiz?
— Rakning davosi yoʻq.
— Rak deb kim aytdi sizga?
— Kim aytishi mumkin? Ha, yana bir savol: Asadbey nima sababdan Hosilbeyni otdi, bilmaysanmi?
— Asadbek otmadi.
— Senga yolgʻon gapirish yarashmaydi. Asadbeyning oʻrniga oʻtiradigan odam haqgoʻy boʻlishi kerak.
— Haqgoʻy deng... Bitta donishmand aytgan ekan: «Agar roʻparangdan zaharli ilon bilan haqgoʻy chiqib qolsa, avval haqgoʻyni oʻldir».
— Biz unday donishmand emasmiz. Biz oddiy odamlarmiz. Haqgoʻylarni yaxshi koʻramiz.
— Haqiqat shuki, oʻsha kuni men boshqa yoqda edim.
— Bilishimizcha, Hosilni sen koʻmibsan?
— Kim aytdi?
— Kim aytishi mumkin? — deb jilmaydi u. — Umuman savob ish qilgansan. Musulmonni koʻmib qoʻygan yaxshi.
— Shu gaplarni... Mahmud aytdimi?
— Aytmaganida... Jamshidbey ikkita kallani koʻtarib kelgan boʻlardi. Gʻilay sadoqatliroq ekan, churq etmadi. Senlar oʻrgatgan gapni toʻtiqushday takrorlayverdi.
— Bu gaplarni nima uchun menga aytyapsiz?
— Xongirey Asadbey oʻrnida seni koʻrmoqchi. Mahmudbeyda shunday harakat borligi bizga ma’lum. Lekin u eplay olmaydi. Asadbeyning eng yaqin odami — sensan. Biz senlarning ishlaringizga aralashmaymiz. Oʻzlaring hal qillaring. Men «lalayib oʻtirib, oʻljani ogʻzingdan oldirma!» degani atayin keldim.

Kesakpolvon uning kelishidan maqsadini sezganday boʻldi. Shu bois oʻsmoqchilab soʻradi:
— Agar yordamingiz kerak boʻlsa-chi?
— Biz — qardoshlarmiz, — dedi Mamatbey.

Kesakpolvon kelajakda nima boʻlishi bilan ishi yoʻq, bugun hamnafas topilganidan quvonib, qadahni urishtirib ichdi.

XXI bob

1

Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhissalom Bani Isroil qavmi bilan Fir'avn zulmidan qutulmoq niyatida Misrdan chiqib ketayotganlarida yoʻllarini toʻsib turgan dengiz Ollohning qudrati ila ikkiga boʻlinib, barchalari undan eson-omon oʻtib olgan ekanlar. Quvib kelayotgan Fir'avn va uning lashkarlari oʻrtaga kelganlarida dengiz iziga qaytib, qoʻshilib ularni qa’riga yutgan ekan. Oʻlimi haq ekanini bilgan Fir'avn iymon keltirib «Men musulmonlardandirman — Ollohga boʻyinsunuvchilardandurman», degan ekan.

Asadbek ham Abdurahmon tabibnikida shu holda edi. Garchi u Fir'avn kabi oʻzini Xudo deb bilmagan boʻlsa-da, Ollohning birligiga hamisha ishonib kelgan esa-da, iymon chegarasiga ancha kech yaqinlashgan edi. Fir'avn uchun aytilgan «Al ana va qod osoyta qablu va kunta minal mufsidiyn»[1] oyati karimasini balki Asadbek uchun ham eslamoq joizdir, vallohi a’lam? Bu kabi hukm etmakka bizda (huquq) yoʻqtur. Ammo Rasuli Akram janobimiz Ollohdan rivoyat etgan soʻzda buyurilganki: «Ya bani Adama! Iza vaqaat fil balai zakartani va iza kashaftuhu nasiytani kaannaka maa araftani».[2]

Asadbek kabilar uchundir, deb fikr qilishimizning boisi shundaki, azon tovshini eshitganda, xususan Abdurahmon tabibnikida ibodatni ixtiyor etgan odam, xastaligi chekina borgani sayin yana asl holiga qayta boshladi. Bu gʻofil banda shifoga yetishmogʻi bir sinov ekanini, bulutlar orasida koʻringan quyosh dillarni bir yayratib, soʻng yana berkinishini, soʻng koʻp oʻtmay tun boshlanayajagini qaydan bilsin?

Abdurahmon tabibnikida «Uyga borgach, har kuni masjidga chiqaman», degan qarorga kelgan Asadbek ahdiga vafo qilmadi, oʻz tashvishlariga berilib ketdi.

Ayniqsa, Xongireyning sovgʻasi uni koʻp oʻylamoqqa, tadbir bilan ish yuritmoqqa majbur etdi. Jamshidning ozgina muddat boʻlsa-da, Xongirey qoʻlida ta’lim olib qaytgani ham unga bir tashvish edi. Shu bois uning izidan odam qoʻydi, qizini ham kuzatdi. Zaynab koʻproq ota uyida boʻlgani sababli uni ortiqcha kuzatishning hojati ham yoʻq edi. Lekin bu kuzatuv boshqa natija berdi: Kesakpolvonning Zaynab atrofida oʻralashib yurishini Asadbekning oʻzi ham sezdi, yigitlar ham aytishdi. Hamisha buzuqlik botqogʻiga botib yuruvchi Kesakpolvonning Zaynab atrofida ivirsishidan Asadbek boshqa gumonga bordi. Shahar markazidagi uch qavatli imoratning yertoʻlasiga joylashgan idorasida Kesakpolvon bilan yolgʻiz qolganida shu mavzuda gap ochdi:
— Zaynabning atrofida nima uchun oʻralashib qolding? — dedi Asadbek unga qattiq tikilib.

Kesakpolvon bir kunmas-bir kun shunday savol berilishini kutgani uchun dovdiramadi.
— Men uning amakisiman. Oʻz qizimdan a’lo koʻraman. Bechora ezilib ketdi-ku?
— Sening ishing boʻlmasin. Ezilib ketgan boʻlsa, qaraydigan otasi bor.
— Mahmudga ham shunday deysanmi?
— Mahmud men aytgan ishni qiladi.
— Mahmud uni ignaga olib bordi.
— Bekor aytibsan!
— Sen yashirganing bilan devorlarning quloqlari bor. Bizga ham yetib keladi. Oʻzing gap ochding, aytay: oʻgʻillaringni olim boʻlishini istarding — bu oʻzingning ishing. Menda oʻgʻil yoʻq. Qizim yasan-tusandan boshqasini bilmaydi. Lekin Zaynab boshqacha. U sening yoʻlingdan bormoqchi. U senga oʻxshaydi. Aqlli, qoʻrqmas, qasoskor...
— Valdirama! — dedi Asadbek jahl bilan. Keyin bexosdan qizining «Ularni oʻzimga qoʻyib bering» degan ovozini qayta eshitgandek boʻldi.
— Endi sen valdiramay eshit: Zaynab oʻch olmoqchi ekan, men yordam berdim.
— Qanaqa oʻch?
— U Mardonani oʻldirdi... oʻz qoʻli bilan.
— Bekor aytibsan! Uni... qaerdan topding?
— U Gʻilayning oʻynashi edi.
— Hayvon! Sen haddingdan oshyapsan! — deb baqirdi Asadbek.
— Hayvon boʻlsam ham senga sodiqman. Faqat senga yaxshilik qilishni oʻylayman.

Yaxshilik qilish... Asadbek farzandlarini bu ishlardan nari boʻlishlarini istar edi. Nodon a’yoni esa qizini bu yoʻlga kiritib, yana «yaxshilik qildim» deb keriladi... Asadbek qizining odam oʻldirishi mumkinligini tasavvuriga sigʻdirolmas edi. Hozir ham bir zumgina koʻzlarini yumib avval toʻpponcha ushlagan, soʻng pichoq sanchayotgan, soʻng... boʻgʻayotgan Zaynabni koʻrib ingrab yubordi-da, kuldonni olib, roʻparasidagi Kesakpolvonga qarab otdi. Ogʻir kuldon yelkasiga tegib, zirillatgan boʻlishiga qaramay, Kesakpolvon sapchib turib, Asadbekning qoʻllariga yopishdi.
— Asad, oʻzingni tut, jahling chiqmasin!
— Sen... hayvon, maktabdaligingda basharamga tuflagan eding. Endi yuragimga tuflamoqchimisan?
— Unday dema, Asad, men faqat ishimizni oʻyladim.
— He, ishingni!.. — Asadbek boʻralab soʻkdi. Kesakpolvonni nari itarib, tepmoqchi edi, kuchi yetmadi. Ilgarigi holi boʻlganda bu odamchani bulgʻalab tashlagan boʻlardi. Quvvati yetmagani bois butun qahrini tili orqali sochdi: — Sen kesak polvon eding. Xohlaysanmi, yoʻqmi, shundaysan. Sen odam boʻlmaysan hech qachon! Yoʻqol, turqingni koʻrsatma!

Kesakpolvonni avvallari ham Asadbek soʻkib turardi. Lekin bu safargisi oshib tushdi. Avvalgilari Kesakpolvonning oʻng qulogʻidan kirib chap qulogʻidan chiqardi. Bunisi har ikki qulogʻidan kirib yuragiga qurum kabi oʻtirdi. Asadbekning bu qadar gʻazabga minishi sababini izlab, koʻz oldiga Chuvrindini keltirdi. Ammo hojasiga sir bermadi. Asadbek uni idorasidan haydab chiqargan boʻlsa-da, ertasiga nonushta payti hojasinikiga qaymoqxoʻrlikka keldi. Asadbek uni uyidan quvmadi.

2

— Ha, yigitning guli, bormisan bu olamda?

Oʻyga tolib oʻtirgan Jamshid Kesakpolvonning ovozini eshitib, yengil seskandi-da, koʻrishmak uchun oʻrnidan jildi.

Quvgʻindi boʻlganidan beri taqdir oʻyinlariga ajablanib yurgan Jamshid ovloq koʻchalarda adashib tentiragan kimsa holiga tushgan edi. Zelixondan oʻzining «fojiali oʻlimi», «dafn marosimi»ni eshitganda taajjublangan edi. Voqeaning dahshatini uyida his etdi.

Eng avval oʻgay onasining esi ogʻib qolayozdi. Eriga ovqat yegizayotgan ayol hovlida oʻgay oʻgʻlini koʻrdi-yu, avval koʻzlariga ishonmadi. Jamshid uyga kirib, salom bergach, «Voy, voy, xudoyim!» deganicha oʻrnidan qoʻzgʻalolmay qoldi. Tildan, harakatdan qolgan otasi koʻzlarida esa yosh koʻrindi. U oʻgʻlining «oʻlimidan» bexabar boʻlsa-da, qalbi bir yovuzlikni sezgan, oʻzini sogʻinib yotgan edi.

Keyin qarindoshlar yoʻqlovi boshlandi. Biri nima gap boʻlganini batafsil bilishni xohlaydi, biri shunchaki koʻngil soʻraydi.

Kesakpolvondan sal oldin kelib ketgan mehmon esa shunchaki soʻramadi. U boʻlgan voqealarni ipidan-ignasigacha bilishni istadi. Bu mehmon — Zohid edi.

Zohid soʻroqni uzoqdan — uning birinchi qamalishidan boshlab, gapni «oʻlimi»ga olib borib taqadi. Jamshid Chuvrindi bilan pishitgan maslahatiga koʻra «noma’lum kishilar mashinasini toʻxtatishganini, urib, behush qilib noma’lum yoqqa olib ketishganini, bir necha oy yertoʻlada saqlashganini» aytdi. Zohid uning uydirmalarini indamay oʻtirib eshitdi. «Bir necha oy yertoʻlada yotganini» eshitib, unga tikildi-da, oʻzicha «Bir necha oy yertoʻlada yotgan odamning rangi bunaqa boʻlmas», deb oʻyladi. Biroq, gumonini sirtiga chiqarmadi.
— Ular sizni nima uchun urishdi, nima sababdan qamab qoʻyishdi? — deb soʻradi Zohid.

Bu kutilmagan savolga Jamshid qiynalmay javob qaytardi:
— Aniq bilmayman. Yigitchilik... Bir qiz tufayli boʻlsa kerak.
— Kim u qiz?
— Faqat ismini bilaman. Koʻchada tanishganman. Uchrashib turardik. Unga hali teginmagan edim.
— Nima uchun aynan shu qiz tufayli deb oʻylayapsiz?
— Yertoʻlada bir gap boʻluvdi. «Qizni uzatamiz, agar nomussiz chiqsa — sening oʻlganing» deb shart qoʻyishgan.
— Demak, ular toʻyni kutishgan, shundaymi?
— Shunaqadir.
— Agar qizga sovchi kelmasa, bir-ikki yil yertoʻlada yotarmidingiz?
— Shunaqaga oʻxshaydi.
— Shu qizga oʻzing uylanasan deyishmadimi?
— Bunaqa shart boʻlmadi.
— Shu aytgan gaplaringizga oʻzingiz ishonasizmi?
— Siz ishonmayapsizmi?
— Xoʻp, ishondim ham deylik. Xoʻsh, unda nima uchun oʻlikxonadan murda olib yoqib ketishdi.
— Sababi oddiy: meni qidirishmasin, deyishgan.
— Kim qidiradi?
— Bizda yoʻqolgan odamni kim qidiradi? Milisa-da.
— Sizning bunday yoʻqolganingizni Mahmud akangiz ham bilmasmidilar?
— Hech kim bilmagan.

Zohidning tiliga bir savol keldi-yu, aytishdan oldin oʻylanib qoldi.

2

— Ha, yigitning guli, bormisan bu olamda?

Oʻyga tolib oʻtirgan Jamshid Kesakpolvonning ovozini eshitib, yengil seskandi-da, koʻrishmak uchun oʻrnidan jildi.

Quvgʻindi boʻlganidan beri taqdir oʻyinlariga ajablanib yurgan Jamshid ovloq koʻchalarda adashib tentiragan kimsa holiga tushgan edi. Zelixondan oʻzining «fojiali oʻlimi», «dafn marosimi»ni eshitganda taajjublangan edi. Voqeaning dahshatini uyida his etdi.

Eng avval oʻgay onasining esi ogʻib qolayozdi. Eriga ovqat yegizayotgan ayol hovlida oʻgay oʻgʻlini koʻrdi-yu, avval koʻzlariga ishonmadi. Jamshid uyga kirib, salom bergach, «Voy, voy, xudoyim!» deganicha oʻrnidan qoʻzgʻalolmay qoldi. Tildan, harakatdan qolgan otasi koʻzlarida esa yosh koʻrindi. U oʻgʻlining «oʻlimidan» bexabar boʻlsa-da, qalbi bir yovuzlikni sezgan, oʻzini sogʻinib yotgan edi.

Keyin qarindoshlar yoʻqlovi boshlandi. Biri nima gap boʻlganini batafsil bilishni xohlaydi, biri shunchaki koʻngil soʻraydi.

Kesakpolvondan sal oldin kelib ketgan mehmon esa shunchaki soʻramadi. U boʻlgan voqealarni ipidan-ignasigacha bilishni istadi. Bu mehmon — Zohid edi.

Zohid soʻroqni uzoqdan — uning birinchi qamalishidan boshlab, gapni «oʻlimi»ga olib borib taqadi. Jamshid Chuvrindi bilan pishitgan maslahatiga koʻra «noma’lum kishilar mashinasini toʻxtatishganini, urib, behush qilib noma’lum yoqqa olib ketishganini, bir necha oy yertoʻlada saqlashganini» aytdi. Zohid uning uydirmalarini indamay oʻtirib eshitdi. «Bir necha oy yertoʻlada yotganini» eshitib, unga tikildi-da, oʻzicha «Bir necha oy yertoʻlada yotgan odamning rangi bunaqa boʻlmas», deb oʻyladi. Biroq, gumonini sirtiga chiqarmadi.
— Ular sizni nima uchun urishdi, nima sababdan qamab qoʻyishdi? — deb soʻradi Zohid.

Bu kutilmagan savolga Jamshid qiynalmay javob qaytardi:
— Aniq bilmayman. Yigitchilik... Bir qiz tufayli boʻlsa kerak.
— Kim u qiz?
— Faqat ismini bilaman. Koʻchada tanishganman. Uchrashib turardik. Unga hali teginmagan edim.
— Nima uchun aynan shu qiz tufayli deb oʻylayapsiz?
— Yertoʻlada bir gap boʻluvdi. «Qizni uzatamiz, agar nomussiz chiqsa — sening oʻlganing» deb shart qoʻyishgan.
— Demak, ular toʻyni kutishgan, shundaymi?
— Shunaqadir.
— Agar qizga sovchi kelmasa, bir-ikki yil yertoʻlada yotarmidingiz?
— Shunaqaga oʻxshaydi.
— Shu qizga oʻzing uylanasan deyishmadimi?
— Bunaqa shart boʻlmadi.
— Shu aytgan gaplaringizga oʻzingiz ishonasizmi?
— Siz ishonmayapsizmi?
— Xoʻp, ishondim ham deylik. Xoʻsh, unda nima uchun oʻlikxonadan murda olib yoqib ketishdi.
— Sababi oddiy: meni qidirishmasin, deyishgan.
— Kim qidiradi?
— Bizda yoʻqolgan odamni kim qidiradi? Milisa-da.
— Sizning bunday yoʻqolganingizni Mahmud akangiz ham bilmasmidilar?
— Hech kim bilmagan.

Zohidning tiliga bir savol keldi-yu, aytishdan oldin oʻylanib qoldi.

«Siz Mahmud akangiz bilan bir samolyotda kelibsiz, siz qamalgan yertoʻla Moskva tomonlarda edimi?» — deb soʻrashning ayni payti edi. Lekin bu xabarni Said Qodirovga yetkazgan odam shubha ostiga tushib qolishini hisobga olib, savolni keyingi uchrashuvlar uchun asrab qoʻydi.

Zohid sukutga berilgani holda Jamshiddan koʻz uzmas edi. Sezgirlikda ancha-muncha odamga dars bera oluvchi Jamshid esa bu qarash zamirida koʻp gaplar yashirinib yotganini fahm etardi. Shuning asnosida toʻqigan uydirmalari puch ekanini ham his etib, oʻzidan oʻzi norizo boʻlardi.

Zohidning sukuti uzoq choʻzilmadi.
— Siz televizor koʻrib turasizmi? — dedi u.
— Ha, unda-bunda... — dedi Jamshid savoldan maqsadni uqmay.
— Bir e’lon berishyapti. «Xayrli tun, kichkintoylar», degan koʻrsatuvlari bor. Shu koʻrsatuvni olib borish uchun yaxshi ertakchi odam kerak ekan. Bir xabarlashing. Shu ish aynan siz uchun, — Zohid shunday deb zaharli jilmaydi-da, xayrlashish uchun qoʻl uzata turib qoʻshimcha qildi: — Ertaklaringizning muxlisiman. Yana uchrashamiz. Yangilaridan eshitaman, degan umidim bor.

Hamisha dangal gaplashishga oʻrgangan, soʻz kelmagan taqdirda musht tilida gaplashgan Jamshid bu kinoyani hazm qila olmadi. Bunday uchrashuv hali koʻp boʻlishini anglab, gʻijindi. Murdani osib yoqib yuborgan akaxonlarining katta xatoga yoʻl qoʻyganlariga unda shubha yoʻq edi. Ularning olamida katta xatolar qon evaziga tuzatilguvchi edi. Bu xato kimning qoni evaziga tuzatiladi?

Jamshid shu savolga javob izlab oʻtirgan damda tanish ovozni eshitdi:
— Ha, yigitning guli, bormisan bu olamda?

Jamshid Kesakpolvonni Asadbek huzurida koʻrgandan beri uchrashmagan edi. Uning uyga kirib kelishidan ajablangan holda salomlashdi. Kesakpolvon batartib xonaga koʻz tashlab olgach, divanga oʻtirdi.
— Haydar degan akaxonim bor edi, deb bir yoʻqlab ham qoʻymaysan-a? — dedi u gina ohangida.
— Bizdan nariroq yursin, degan gapni eshituvdim,— dedi Jamshid xuddi shu ohangda.
— Bu Bek akangning gapi. Sen undan xafa boʻlma. Hozir kasal, yuragiga hech narsa sigʻmayapti.
— Bek akamdan xafa boʻlgan kunim — oʻlgan kunim.
— Bu gapni yaxshi aytding. Asadday odam bu dunyoda boshqa yoʻq. Sen oʻzimizning odamsan. Shuning uchun seni oʻlimdan olib qoldim. — Kesakpolvon «oʻlimdan olib qoldim» degan gapga alohida urgʻu berib, «tirikliging uchun Mahmud akangga emas, menga qulluq qil», deb shama qildi. — Hozir ishlarimiz biroz notinchligini bilarsan? Har holda Krasnoyarlarda bekor yurmagandirsan?
— Kozlovni qidirdik.
— Buni bilaman. Sen Xongireyning qoʻliga qanday tushib qolding?

Jamshid bu tafsilotni yashirmay, barchasini aytib berdi.
— Xongirey bilan hech gaplashdingmi?
— Yoʻq.
— Senga ular qanday topshiriq berishdi?
— Hech qanday. Yurtingga joʻna, deyishdi, vassalom.
— Kuzatib yur, biron gap boʻlsa yetkazasan, deyishmadimi?
— Men gap yetkazadigan xotinchalish emasman.
— Erkaksan, erkak! — Kesakpolvon unga bir oz tikildi-da, soʻng gapini davom ettirdi. — Maskovdan Mahmud akang bilan otamlashib kelibsan-da, a? Mahmud akang senga qanaqa topshiriq beryapti?
— Hozircha uyda oʻtir, deganlar.
— Sen uyda tuxum bosib oʻtirishni xohlamasding, shekilli?
— Ish boʻlsa, ayting, qilay?
— Bir ish bor. Lekin buni ikkalamiz bilamiz. Bek akang ham, Mahmud akang ham sezmasligi kerak. Shu shartga koʻnsang, aytay.
— Siz... ulardan yashirincha ish yuritmoqchimisiz?
— Aqling oʻtmaslashib qolibdi, bola. Xayolingga darrov buzuq fikr keldimi? Men sheriklarimga qarshi ish qiladigan nomardmanmi?
— Unday deganim yoʻq.
— He, seni ustozingni... — Kesakpolvon ikki ogʻiz «shirin soʻzlar»dan soʻng muddaosiga yaqinlashdi.— Bir odamda shubha bor. Shuni kuzatish kerak. Xitlarning xizmatini qilayotganini sezgan zahoting yoʻqotasan.
— Kim?
— Sen avval shartimga roziligingni ayt.
— Roziman.
— Halim degan bola. U sening oʻrningni bosmoqchi edi. Bek akangga, Mahmud akangga ham yaqin. Burni uzunga oʻxshaydi. Bir nimalarning hidini olib yuribdi. Sen aziyat chekkan bolasan. U bilan oshna boʻlib olib, bir-ikki mingʻirlab hasrat qil. Xullas, ilon boʻlib qoʻyniga kirib ol. Chaq, deyishim bilan chaqib oʻldirasan.

Kesakpolvon bir oʻq bilan ikki quyonni urmoqchi edi. Avvalo Jamshid topshiriqni bajarsa, Halimjonni yoʻq qilishi mumkin. Lalaysa, eplay olmasa, Halimjon uni gumdon qiladi. Har ikki holatda ham yutuq Kesakpolvonda boʻladi.

3

A’yoni bilan boʻlgan mojaro Asadbekning dilini xufton qildi. U oʻzining xastaligi a’yonlari orasiga rahna solishi mumkinligini taxmin qilib yurardi. Toʻrt-besh yil ilgari eshitgan bir latifani takrorlab turishni yaxshi koʻrardi. Tabibdan qaytganidan beri Kesakpolvonning Chuvrindiga nisbatan aytayotgan gaplari uni ancha sergak torttirdi. Ikkovini yoniga olib: «Men hali tirikman. Hozirdan bir-biringni gʻajishni boshlamalaring», demoqchi ham boʻldi. Keyin «balki men adashayotgandirman», deb oʻylab fikridan qaytdi. Faqat bir latifa aytib berdi.

Bu achchiq haqiqatdan iborat latifani sharhlab oʻtirmadi. «Oʻzlari tushunib, xulosa chiqarib olishar», deb oʻylab, nodonlik qildi. U adashdi: zulm mevasidan bahramand odamlarni latifa aytib tarbiya qilmoq mutlaq mumkin emasdir. Tashnalikni suv qondirishi qanchalik haqiqat boʻlsa, Kesakpolvonga bu gaplarning ta’sir etmasligi ham shunchalik haqiqat edi. Xongireyning suhbatidan soʻng oʻzini ahyon-ahyonda boʻlsa-da «taxt» ustida koʻra boshlagan Chuvrindiga ham endi bunday gaplar ta’sir etmas edi.

Asadbekning gʻazab otiga minishi faqat Zaynab tufayli emas edi. U a’yonlarining taxt talasha boshlaganiga ishonib borayotgan edi. Xongirey bilan munosabat buzilganda bularning xurmacha qiliqlari oshiqcha edi. Garchi Xongirey u bilan telefonda soʻzlashgan boʻlsa-da, Asadbek uning yuborgan «sovgʻa»sidan shum niyatini angladi. Hosilboyvachchani oʻldirib, xatoga yoʻl qoʻyganini ham fahm etdi. Vaziyat keskinlashgan damda Kesakpolvonning Zaynabni bu olamga tortishi unga mudhish hol boʻlib tuyuldi.

Kesakpolvonni haydab chiqargandan soʻng Zaynabni tezlik bilan Olmoniyaga joʻnatmogʻi lozimligini angladi.

Shu fikrda uyga qaytganida, hovli oʻrtasida turib olib Zaynabga aql oʻrgatayotgan Jalilni koʻrdi. Jalil darvozaga orqa qilib turgani uchun Asadbekning kelayotganini sezmay va’zini davom ettirdi:
— Shunaqa, qizim, ota oʻtirgan uyning tomiga chiqib boʻlmaydi...

Zaynab otasiga salom bergach, Jalil orqasiga oʻgirildi.
— Endi ketmoqchi boʻlib turuvdim, ahvoling qalay?— dedi oshnasi bilan soʻrashib.
— Yaxshi, — dedi Asadbek tumtaygan holda.

Oshnasining kayfiyati buzuq ekanini sezgan Jalil, uyiga qaytish fikridan voz kechib, unga ergashdi.

Asadbek ichkari kirdi-yu, loʻlabolishni qoʻltigʻiga olib, yonboshladi.
— Ha, mazang qochdimi? — deb soʻradi Jalil, uning roʻparasidan joy olib.
— Birpas jim oʻtir.
— Gapim yoqmayotgan boʻlsa, keta qolay!
— Birpas jim oʻtir, deyapman!

Jalil «xoʻp» deb tiz choʻkkanicha, itoatkor talaba singari indamay oʻtirdi.

Xonadagi sukunat to Zaynab choy olib kirgunicha choʻzildi.
— Ada, ovqat olib kelaveraymi, oldin doringizni ichib olasizmi?
— Ha, albatta, oldin dorini ichadi, — deb Asadbek oʻrniga javob berdi Jalil.

Asadbek dorini ichdi-yu, ammo ovqatga qaramadi. Ilon kukuni solingan qaynatma shoʻrvani xoʻrillatib ichib olgan Jalilni ter bosdi.
— Boʻldi, endi ja oshirvording. Seni tumtayishingni koʻrgan odam, bu kuyovtoʻraning xotini qari chiqibdi, deb oʻylaydi. Ovqatingni ich.
— Ovqat oʻtmaydi.
— Boʻlmasa, yorila qol: nima boʻldi?

Jalilning gapida jon bor: yorilmasa, dardini aytmasa boʻlmaydi.
— Jalil... — shunday deb tin oldi. — Jalil... men ogʻirlashganimda... Hech nimani sezmadingmi?
— Nimani?
— Haydar bilan Mahmud oʻrtasida gap oʻtmadimi?
— Ha, bumi... — Jalil uning maqsadini angladi. — Endi, ogʻayni, oʻzing gap ochding, aytay: mol achchigʻi — jon achchigʻi, degan maqol bor. Podsho kasal boʻlsa, merosxoʻrlar payt poylashadi.
— Oʻlimimni kutishyaptimi? Shunaqa demoqchimisan?
— Men ularning ichidagi maqsadlarini bilmayman.
— Haydar Mahmudni tinch qoʻymaydi, deb choʻchiyapman.

Choʻchiyapman... Hech narsadan qoʻrqmaydigan Asadbekning choʻchishi qiziq... «Choʻchiyotgan boʻlsa, yuragi bir narsani sezgan», deb oʻyladi Jalil.
— Haydaringning qoʻlidan har balo keladi. Senga necha marta «Shu pakanangning turqi sovuq, oʻzingdan uzoqlat!» deb aytuvdim-a?
— Vaqtida menga kerak edi. Yordami koʻp tekkan. Endi zamon oʻzgardi, lekin u oʻzgarmayapti. Zamonga qarab ish yuritmaydi.
— Oʻshaning oʻzgararkanmi? Bukirni goʻr toʻgʻrilaydi. Senga anchadan beri aytishga tilim bormayotgan edi. Sen uning bir qiligʻini bilib qoʻyishing kerak.— Jalil shunday deb uning Abdurahmon tabibga uchrashgani, soʻng otlarini ottirganini aytdi. Bu gaplarni eshitgan Asadbek qahr otiga mindi:
— Xunasaning chotini ayirib tashlayman! — deb baqirdi.

Jalil uni fikridan qaytarishga urinmadi. Agar Kesakpolvon hozir shu yerda boʻlganida bir baloga uchrashi naqd edi. Baxtiga orada tun bor. Tun va sokinlik Asadbek uchun maslahatchi boʻldi. U oʻylay-oʻylay Kesakpolvon bilan hozircha murosa qilmoq joiz ekanini angladi. Shu bois ham ertalab Kesakpolvon qaymoq koʻtarib kirganida uni quvmadi, gʻazab otidan tushmagan boʻlsa-da, qahrini sochmadi.

Qaymoq ustiga non toʻgʻrayotgan Kesakpolvonga sinovchan tikildi-da:
— Haydar, sen otlarning farqiga borasanmi? — deb soʻradi.

Kesakpolvon bu savoldan soʻragʻuvchining maqsadini anglagan boʻlsa-da, sir boy bermadi.
— Qanaqa otlar?
— Ha, endi otlar har xil boʻladi: aravaga qoʻshadigani, uloqchisi.
— Qaziga bopi...
— Ha, bilar ekansan.
— Men otlarning farqiga bormayman. Nega soʻrayapsan?
— Zoʻr uloqchi otlardan ikkitasini topish kerak. Narxi osmon baravar boʻlsa ham sotib olamiz.
— Nima balo, uloq chopmoqchimisan?
— Meni davolagan tabib uloqqa ishqiboz ekan. Shunga sovgʻa qilamiz.
— Yaxshi oʻylabsan. Gap yoʻq, topamiz.
— Oʻsha tabibning otlarini kimdir otib ketibdi...

Qaymoqqa boʻkkan nonni huzurlanib chaynayotgan Kesakpolvon bir hoʻplam choy bilan luqmasini yutdi-da:
— Jalil aytdimi? — dedi bepisandlik bilan.
— Ha, aytdi.
— Bekor aytibdi. Meni bilasan-ku, gʻashimga tegsa oʻzini otaman. Otlari bilan nima ishim bor?
— Jalilning gapi yolgʻonmi yo senikimi?
— Uyingda Qur'on boʻlsa ber, Qur'on ursin, agar yolgʻon gapirsam.

Asadbek uning qasamiga ishonganday boʻldi. Koʻnglidan «Hali bu gapga qaytamiz», degan fikrni oʻtkazib:
— Qaymogʻingni ye. Bir haftada zoʻr otlardan topasan, bu sening qoʻlingdan keladi, — dedi.

Kesakpolvon uch kunda otlarni topdi. Abdurahmon tabibga yetkazdi. Ammo u otlarni olmadi, iziga qaytardi. Bundan gʻashi kelgan Kesakpolvon ularni soʻydirib, qazi qildirdi.

XXII bob

1

Jamshid «Xongireydan hech qanday topshiriq olmadim», deb yolgʻon gapirgan edi. Gʻilay oʻlimi oldidan Hosilboyvachchani oʻldirgan Elchinni otganini aytgan boʻlsa-da, uning gaplariga uncha ishonishmagan, Hosilboyvachchani Elchin oʻldirishi ular uchun haqiqatdan uzoq bir gap edi. Jamshidning vazifasi esa ayni haqiqatni bilish edi.

Kesakpolvon kelib-ketgan kunning ertasiga Elchin yotgan kasalxonani qoralab borib kuzatdi. Keyingi kun oqshom chogʻida Elchinni yoʻqlash maqsadida kelib, Asadbekka tegishli mashinalardan birini koʻrdi-yu, oʻzini panaga oldi.

Oradan oʻn-oʻn besh daqiqa oʻtgach, Zaynab koʻrindi. Boshini egib yurib kelgan Zaynab hech qayoqqa qaramay mashinaga oʻtirdi. Jamshid haydovchini tanimadi. «Haydar akam aytgan yigit shumi?» deb oʻyladi.

Jamshid «buyoqqa kirish mumkin emas», degan hamshiraning choʻntagiga pul solib qoʻydi-yu, oʻz uyiga kirib borayotganday eshikni bemalol ochib, ostona hatladi.

Elchining koʻzlari yarim yumuq — uning oʻlik yoki tirik ekanini bilish mushkul edi.

Elchin koʻz oldini qoplagan xira parda orqali Jamshidni tanidi. Bu jingalak sochli yigitni unutish mumkin emasdi.

Hozirgina Zaynab kelib ketdi. Tabib Elchinni behush deb oʻyladimi, «Eringizni uyga olib ketganingiz ma’qulmikin?» dedi. Elchin bu gapni eshitdi. «Ishim xurjun shekilli?» deb oʻyladi. Keyin Zaynabning ovozini eshitdi:
— Agar erimga bir nima boʻlsa, hammangiz quriysiz!..

Ovoz Zaynabniki... lekin ohang... Zaynab bu ohangda gapirmas edi...

Elchin xotinining qalbdagi Kumushbibini osib, Asadbek qiziga aylanmoqchi boʻlayotganidan bexabar edi. Shu bois gap ohangi unga begona tuyuldi.

Zaynab chiqib ketishi bilan... Jamshid kirdi. Elchin orada oʻtgan yarim soatni sezmadi. Nazarida Jamshid izma-iz kirib kelganday boʻldi.

«Darrov topishib olishibdimi? Oʻshanda Zaynab toʻgʻrisini aytganmidi?

«— Men Jamshid akamni yaxshi koʻrardim... Sizga xiyonat qildim!..»

Zaynabning bu faryodi yodidan koʻtarilgani yoʻq. Bu faryod oʻqtin-oʻqtin qoʻzgʻolib yurak yarasiga tuz separdi. Shunday paytda Elchin ruh azobida bir ingrardi-yu, «Zaynab jon achchigʻida aytdi», deb oʻzini-oʻzi ishontira boshlar edi.

Hozir esa...

Oʻzini oʻzi ishontirishga harakat ham qilmadi.

Chunki... roʻparasida xotini yoqtirib qolgan oʻsha odam turar edi.

Jamshid unga yaqinlashdi.

«Nimaga yaqin kelyapti? Boʻgʻib oʻldirmoqchimi? Biratoʻla Zaynabga ega chiqmoqchimi?»

Jamshid yaqinlashib, u tomon engashdi:
— Hofiz aka, eshityapsizmi?

Elchinning yuziga uning nafasi urilib, yengil seskandi.
— Hofiz aka!
— Gapirolmaydilar, — dedi xonaga kirib kelgan hamshira.
— Tildan qolganmi?
— Kelganlaridan beri gapirmaydilar. Gapirmasalar ham kerak.
— Nima uchun?
— Bilmasam, doʻxtirlar shunaqa deyishyapti...

2

Asadbekning muomalasidagi oʻzgarish Kesakpolvonga ma’qul kelsa-da, ayni choqda sergaklantirdi. Nazarida «Chuvrindi ukaginasi» undan oʻzini olib qochayotgandek tuyuldi. Chuvrindi Sharif Namozov masalasida Moskvaga borib kelgach, Kesakpolvonni Mamatbey yoʻqladi. «Ukang hokimiyatni oʻz qoʻlimga olaman, bu ishni mendan boshqa hech kim eplay olmaydi», deb Xongirey bilan shartlashdi. Xongirey Asadbekni ham, seni ham tan olmaydi!» deb tutab turgan olovga moy sepdi. Kesakpolvonni bu gapga ishontirish uchun telefonda Xongirey bilan uladi.

«— Xongirey ogʻa, bu men, Haydarman!
— Qanaqa Gaydar?
— Asadbekning sherigi.
— Men hech qanaqa Gaydarni ham, Asadni ham tanimayman. Menda ishing boʻlsa Mahmudbeyga uchrash. Men Mahmudbeyni taniyman!»

Kesakpolvon uchun shu gap kifoya edi. U «Xongireyning oʻzi bilan gaplashdimmi yo biror yigiti meni laqillatdimi?» deb oʻylab ham koʻrmadi. Chuvrindi Moskvaga borganida bu gapning teskarisi boʻlganidan, ya’ni «Sen taklifimizga darrov javob bermading. Biz endi seni tanimaymiz. Gaydar bilan shartnomamiz bor», deyishganlaridan ham bexabar edi.

Chuvrindi Xongireyning qarorini Asadbekka aytmoqqa jur'at etmadi. Hali haqiqat ekani tekshirib bilinmagan gapni yetkazib «akang ustidan magʻzava agʻdarma», degan ta’na eshitmay, deb oʻyladi.

Bu uning eng soʻnggi, hal qiluvchi xatosi boʻldi.

Asadbekni uyiga kuzatishgach, Kesakpolvon «Bi-ir otamlashishni» taklif qildi. Chuvrindi akasining ra’yini qaytargisi kelmadi. Ular yarim tungacha ulfatchilik qildilar. Chuvrindining kayfi oshdi. Uyga qaytganda darvozani ochgan oʻgʻli «Asadbek amakimnikidan telpon qilishdi, tez yetib borar ekansiz», dedi. Chuvrindi darrov mashinani orqaga burdi. Katta koʻchaga chiqib, tezlikni oshirgan mahalda roʻparasida yuk mashinasi koʻrinib, chiroqlarini yoqdi...

3

Dafn marosimiga kelganlarning barchasi tarqaldi. Qor aralash yomgʻir sevalab turgani uchun domla ham «Taborak» surasini yarim qilib oʻqib qoʻya qoldi.

Odamlar tarqalishgach, Asadbek qabr boshiga keldi. Ikkita bir xildagi marmar tosh. Birida onasi, ikkinchisida Samandar — ukasi. Ularning yoniga ukadek aziz boʻlib qolgan Chuvrindi qoʻyildi.

Asadbek osmonning koʻz yoshlari ostida picha turdi. Paltosi ivib ketdi. Yuzlarini, koʻz yoshlarini qor aralash yomgʻir yuvdi.

«Bu yer mening joyim edi, Mahmud ukam. Sen kelding. Yoningda yana bir joy bor... «Mastlikda boʻlgan», deyishyapti. Men bunga ishonmayman. Senga qasd qilganni xor qilmasam, otimni boshqa qoʻyaman. Qasos olmagunimcha yoningga kelmayman...»

Kimdir qoʻlidan ushlab, tortdi.

Oʻgirilib qaradi: Kesakpolvon.
— Sen mening yuragimga tupurding, — dedi Asadbek.
— Unday dema, Asad, agar shu mening ishim boʻlsa — Xudo ursin!
— Yoʻqol...
— Asad...
— Yoʻqol, dedim!

Kesakpolvon uch-toʻrt qadam chekindi-yu, ammo yoʻqolmadi.

Eng Soʻnggi Bob

Zohid, 1990 yil, 3 fevral.

Prokuror imzo chekkanidan soʻng ham Zohid ishonmadi: nahot adolatga yetishgan boʻlsa?! Nahot Botirov «Ish»i shu tariqa yaxshilik bilan yakunlansa. «Ishkal»ning gapi nima boʻldi? «Topshiriq bilan qamaganmiz, eplay olmaysan» deb edi. Topshiriq bilan qamagani toʻgʻri. Oqlanishi-chi? Said Qodirov aytmoqchi, oʻzgarishlarning mevasimi? Zamon shunchalik tez oʻzgardimi?

Botirov oʻzining kiyimlarini kiyib, koʻchaga chiqqach, «Alhamdulilloh, Olloh, oʻzing buyuksan, qudratlisan!» deb qoʻydi. Zohid uni uyiga qadar kuzatib bordi. Soʻng quvonchini baham koʻrish uchun Hamdam Tolipovni yoʻqladi. U topshiriq bilan chiqib ketgan, qachon qaytishi noma’lum edi. Shundan soʻng ilk ustoz sanalgan mayor Solievni koʻrgisi keldi.

Mayor Soliev uning suyunchilik xabarini eshitib, qoʻlini siqdi-da:
— Adolatga osonlik bilan yetib boʻlmaydi, — dedi.

Botirovning ozod etilishi Zohid uchun dastlabki muhim gʻalaba edi.

Asosiy kurashlar hali oldinda.

Bu — endi ertaning ishi...

Asadbek, 1990 yil, 3 fevral.

Asadbek qabristondan toʻgʻri eski shahardagi uyiga bordi.

Sovuq uy. Sovuq tancha. Xuddi qirq yil avvalgi kabi...

Hoʻl paltosini yechmay tanchaga oʻtirib, qunishdi. Eti uvishdi. Deraza orqali koʻcha eshigiga qaradi.

...Hozir otasi chana koʻtarib kiradi.
— Toychoq! — deb erkalaydi...

Yoʻq, otasi kirmadi. Ikki noma’lum kishi kirdi.
— Otang — xalq dushmani! — dedi.

Soʻng... maktab oʻqituvchisi oʻquvchilarni boshlab kirdi. Oʻquvchilar saf tortgan holda, unga bir-bir yaqinlashib basharasiga tupurdilar...

Asadbek ingrab yubordi.

U har yili oʻttiz birinchi dekabr kuni shu uyda oʻtirardi. Bu safar odatini kanda qildi — oʻsha kuni tabibnikida boʻldi. Oʻzi uzoqda boʻlsa-da, koʻngli shu uyda edi. Qaytgach, necha marta kelishga qasd qildi. Ammo oʻz tashvishlari bilan oʻralashib kela olmadi.

Bugun keldi. Yelkasida bir olam gʻam bilan keldi.

Inson bolasiga xos pokiza tuygʻularni quvgan kundan beri oradan qirq yildan oshiqroq vaqt oʻtdi. Oʻshanda mitti yuragiga yovuzlik tuxum qoʻygan, yovuzlikning birinchi ovozini oʻrtogʻi Jalil eshitgan edi:
— Ularni oʻldiraman!..

Hozir bu ovozni oʻzi ham eshitdi. Eti seskandi.

Koʻcha eshigi ochildi: Jalil koʻrindi. Orqasida bir odam.
— Asad!

Jalil odati boʻyicha hovli oʻrtasiga kelib chaqirdi. Ovoz boʻlmagach, yana chaqirdi.
— Asad!
— Kiraver, — dedi Asadbek boʻgʻiq ovozda.

Jalil bilan ham, notanish odam bilan ham oʻtirgan joyida salomlashdi.
— Bu oʻrtoq ijroqoʻmdan ekan, — deb izoh berdi Jalil. — Hozir uyimga kelsam, roʻyxat qilib oʻtiribdi.
— Qanaqa roʻyxat?
— Bu joylar buzilarmish. Bu yerdan katta yoʻl oʻtarmish...

Bu gapni eshitib, Asadbek boshini egib oʻyga toldi. Nazarida buldozer ovozi eshitildi. Uyga bostirib kela boshladi... Tom bosib tushdi. Onasi... Samandar qoldi... Asadbek bir seskanib, «ijroqoʻmdan kelgan oʻrtoq»qa qaradi:
— Yoʻlni narigi mahalladan sol, bu yer buzilmaydi.

Notanish kishi ajablanib, Jalilga qaradi-da:
— Ish boshlangan. Loyihani oʻzgartirib boʻlmaydi... — dedi.

Alqissa:

Ey nafsi havosigʻa giriftor oʻlgʻon,
Shayton ishiga ishing namudor oʻlgʻon,
Ham zuhd ila izzatka sozovor oʻlgʻon,
Ham fisq ila olam eligʻa xor oʻlgʻon.[3]

Soʻngsoʻz

Alhamdulillahki, asarga soʻnggi nuqta qoʻyish fursati yetdi.

Men qoʻrquv bilan ish boshlagan edim. Qoʻrquvning boisi — kimlardandir zulm koʻrishda emas, balki yozganlarimning sizga maqbul boʻlmay qolishida edi. Birinchi kitob e’lon qilingach, yozayotgan har bir satrimda siz, aziz oʻqigʻuvchilarning nafaslaringizni sezib turdim. Siz menga dalda berib turdingiz, Olloh sizlardan rozi boʻlsin!

Asarda shubhasiz, siz ishonmaydigan yoki hafsalangizni pir qiladigan yerlar bordir. Buning uchun uzr soʻrayman. Bu — qalamning ojizligi yoki fikr doiramning torligidandir. Xudo xohlasa, bu qusurlar keyingi asarlarda barham topgusidir.

Bundan soʻng ham Sizlar bilan yangi asarlar orqali koʻrishmoq niyatim bor. Shar'iy niyatlarga Yaratganning oʻzi yetkazsin. Bir asarga nom boʻlgan «Shaytanat» endi turkum nomiga koʻchadi. Bu turkum asarda yana bir necha qissa yaratish umidim bor. Bular sizlarning oʻqiganingiz «Shaytanat»ning davomi emas, balki shu ruhdagi mustaqil qissalar boʻladi, inshoolloh.

Menga bir narsa ma’lum: bu asarni oʻqib ma’qul deydiganlar bilan bir qatorda yoqtirmaydiganlar, undan kamchilik, xato qidiradiganlar bor. Shunday boʻlishi tabiiy. Avvalo, hech qaysi asar barchaga barobar yoqa qolmas. Qolaversa, ojiz qalamim bilan bitilgan bu asar kamchiliklardan holi, degan da’vom ham yoʻq. Mening tanqidchilardan faqat bir oʻtinchim bor: qanday tanqid oʻqlari boʻlsa, oʻzimga qarating.

Men aziz, ardoqli kitobxonlarga bir necha yil mobaynida birga boʻlganliklari uchun minnatdorlik bildiraman. Olloh barcha moʻmin bandalarini Shaytanat olamidan oʻzi asrasin.

Bismillahir rohmanir rohiym.

Qul a’uuzu birobbinnasi. Malikinnasi. Ilahin-nasi. Min sharril vasvasil xonnasi. Allazi yuvasvisu fii sudurinnasi. Minal jinnati vannas.[4]

Omiyn ya Robbil Olamiyn!

Asadbeklar Fojiasi

Oʻzlaridan ajoyib iforlar taratib, yuzlaridan nur yogʻilib turadigan, halimdan-halim taqvodor bir pochchamiz boʻlar edilar. Qodiriy domla Yusufbek hojining fe’lini u kishidan olganmidilar yo oʻzlari shunaqamidilar — hech ajrata olmasdim. Ishqilib, shunaqa xushfe’l, chiroyli moʻysafid edilar.

Men u kishi haqda na oldilarida, na orqalaridan yomon gap eshitganman. Faqat fazilat axtarishar edi, hayratlanib charchashmasdi.

Yaxshi asar ham shunaqa boʻlarkan! Fazilat axtarib charchamas ekansiz. Xuddi Qodiriy asarlaridan hanuz fazilat axtarib tolmaganimizdek, har gal yangi-yangi javohirlar topganimiz kabi!..

«Shaytanat»ni oʻqib ham shu oʻylarga bordim: «Qani edi, hammamizning Yusufbek hojidek otamizu Oʻzbek oyimdek onalarimiz boʻlsa, oʻshalarning qanotida er yetishsak! Asadbeklar shu koʻylarga tushmasmi edi?!» Va shunda butun fojia tag zamiri ila koʻrinib ketgandek boʻldi! Bekorga otalarimizdan ayirmagan ekanlar bizni!..

Mulla buvalari omon qolgan bolakaylar baxtli ekanlar! Issiq bagʻirlaridan chiqarmadilar. Nima yaxshi, nima yomon, nima harom, nima harish, harqalay, ajratadigan qildilar.

Ammo mulla buvalari, opoqdodalari sovuq oʻlkalarga surgun etilib, otalari urushda, qamoqlarda qolib ketganlar-chi? Ularning yozugʻi ne edi? Murgʻak yuragiga yovuzlik urugʻi tuxum qoʻyib ulgurgan bolakaylar, yetimxonalarni toʻldirgan «zumrasha»larning gunohini kim yelkasiga olgay? Qaysi jamiyatning sud kitobiga yozgaymiz? Asadbeklar shu imonsiz jamiyatning mevalari, uning qasos oʻti koʻzini koʻr qilgan «oʻgʻlon»lari emasmi?

«Shaytanat» muallifining eng birinchi yutugʻi shundaki, u zulmning oʻq ildizini topib, asarga qoʻl uribdi. Tohir ba’zilar oʻylagandek oldi-qochdi, shunchaki sarguzasht asar yozish uchun qoʻliga qalam olmagan. U koʻp yillar yashab qoladigan va qancha kishilarni sergak torttirib, shaytanat olamiga kirib qolishdan qaytaradigan chinakam badiiy asar yaratibdi!

«Shaytanat» Tohir Malikning baland asari. Qoladigan asari. Har satri, sahifasidan iste’dod nafasi (chuqur badiiy tadqiq ruhi) ufurib turibdi. Kimdir ilgarigi asarlariga oʻxshata olmayotgan boʻlsa, uni oxiriga qadar oʻqishga sabri yetmabdi. Yoʻnalishini anglamabdi, magʻzini chaqolmabdi.

Asar nainki Asadbeklar fojiasi haqida, balki u yaratgan shaytanat olami odamlarining achchiq kechmishi, har bittasining oxiri voy boʻlguchi taqdirlari haqida oʻziga xos betakror qissalar hamdir. Soʻng bari jamlanib, yaxlit bir roʻmonni tashkil etayotir...

Holisanilloh ayting: Chuvrindining taqdiri, boshiga tushgan achchiq qismat Asadbeknikidan kammi?! Yoki boʻlmasa, Anvarning fojiasi-chi, boshiga tushgan koʻrgiliklar-chi? Kimni, qaysi yurakni titratmaydi? Qolaversa, Asadbekning qizi Zaynabning boshiga tushgan jafo toshi, abri balolar-chi? U koʻrgan zulm, yovuzliklar qiz bolaniki muhabbat koʻchasidan chiqarib, qasos koʻchasiga boshlasa, qaysi jamiyat, tuzumni ayblash kerak? Shariat man etib qoʻygan hadlarni lang «ochib qoʻygan» tuzumnimi va yo uni qaytarolmagan, oʻzi qaysi boshi berk koʻchalarda shayton yetovida ketayotgan Asadbekdek otalarnimi, qasos oʻtida yonib, yoʻlini yoʻqotgan va ustma-ust gunohga botayotgan eri Elchinnimi? Yolgʻiz onaizor Manzura boshini qaysi toshlarga ursin?!

Men Tohirning koʻp asarlarini birinchi boʻlib qoʻlyozmadan oʻqiganman. Hammasining oʻz oʻrni, salmogʻi bor. Vaqtida voqea boʻlgan asarlar. «Chorrahada qolgan odamlar» ham, «Soʻnggi oʻq» ham. Lekin bu galgi asari «Shaytanat»ni alohida bir intiqlik bilan kutdik. Alohida bir titroq-la oʻqib chiqdik. Va men yashirmay ayta qolay. Uchinchi kitobi qoʻlyozmasini ham hayajon-la oʻqib chiqib, qoniqish ila soʻnggi sahifasini yopar ekanman, Yaratganga beadad shukrlar aytdim. Negaki yozuvchini Ollohning oʻzi qoʻllab, oʻzi ilhom ato etibdi. Shaytanat olami fuqarolarining adashuvlarini ochmoqqa oʻzi izn beribdi. Aksincha, bu zoʻravonlikka qurilgan, yovuzlik barq urib unib-oʻsayotgan oʻziga xos xufiya saltanat olamini bunchalik tag-zamiri bilan tasvirlab boʻlmas edi. Adashuvning ildizi ochilmay-da qolishi mumkin edi. Bu qorongʻilik — zulmat saltanatini chok-chokidan soʻkib yuborguvchi nurni Tohir koʻra olibdi va oʻsha nur — chiroq yordamida uning qoʻl yetmas puchmoqlarigacha qarangki, kirib boribdi. Bu nur iymon boʻlib chiqdi! Agar yozuvchi koʻksida shunday bir nur — toza iymon boʻlmasa edi, uning shaytanat olamiga safari besamar chiqmogʻi ham mumkin edi.

Men sal ilgarilab ketdim, chogʻi. Asli bir boshdan soʻzlamoqchi edim, asarning fazilatlarini ta’min etgan tugunlardan soʻz ochmoqchi edim. Qirq toʻqqizinchi yilning soʻnggi kuni. Sovuq uy, sovuq tancha. Otasi chana, ayajonisi ukacha olib keladigan bir kunda bu uyga kulfat bulutlari bostirib kirdilar. Va bu abri balo bu xonadonni bir umrga ota mehridan judo qilib ketdi. Bola «Dadamga tegmang?! Tegmang dadamga!» deb hayqiroldi-yu, boshqasiga kuchi yetmay tanchali uyda yolgʻiz qolaverdi. Ota bagʻriga olib, yuzini yuziga bosganda tekkan koʻz yoshgina qoldi. Bir olam xoʻrlik, achchiq alam qoldi. Shu kecha murgʻak qalbga oʻrmalab kirgan shayton uning oʻksik, alamzada qalbiga oʻzining yovuzlik tuxumini qoʻyib ulgurdi va u qasos istab, oʻch hukmini oʻqidi:
— Ularni oʻldiraman!..

Va bolagina bilmasdiki, bizning dinda oʻch olmoq harom qilingan edi, qasos yolgʻiz Ollohga tegishli edi.

Shaytonsaroyga birinchi gʻisht oʻsha kuni qoʻyildi! Keyin shaytoni lain bu saroyga boshqa alamzada va valadi zinolarni yetaklab kelib, Asadbek xizmatiga topshirdi. Shu tariqa saltanat ichida norasmiy saltanat tup qoʻyib palak yoydi. Va bu saltanat «eng gullab», ogʻizga tushgan kezda uning odamlaridan biri qimorda xonumonini yutqizib qoʻygan hofizning uyiga bostirib kirib, (kirganda ham nomahram oyoq bosishi man etilgan joyga qadar kirib borib) ayolining nomusini toptagani toptagan, koʻksiga pichoq urib ketdi.

Asar har qanday er kishining gʻururini bukib-da tashlaydigan ana shunday voqeadan, u alamlarini ichiga yutib, sudda gunohni boʻyniga olib qamalib ketishidan va oʻn yil qasos kunini kutishidan... boshlanadi.

Asar ilk satrlari, sahifalaridanoq u «oldi-qochdi», «quvdi-yitdi», «otdi-ketdi»lar asosiga emas, chinakam ma’naviyatga daxldor masalalar, hayot-mamot masalalari, azaliy or-nomus, adolat, ezgulik va yovuzlik kurashlariga qurilgani koʻrinib-anglanib turibdi. Barcha kurashlarning markazida oʻziga xos shaxslar, betakror xarakterlar turibdi. Va qadam-baqadam, sahifama-sahifa oʻzligini namoyon etib bormoqda.

Asadbekning oʻzi betakror xarakteri, xislat va fazilatlari bilan, chigal taqdiri va bukilmas irodasi bilan alohida olam boʻlsa, Chuvrindi eng qiyin — ekstremal sharoitlarda ham topqirligi, uzoqni koʻra olishi bilan, tegirmonga tushsa butun chiqa olishi bilan bizni hayratga soladi. Taqdiri-chi? Uning boshiga tushgan koʻrgiliklar-chi? Tagʻinam u metin ekan, uning oʻrnida boshqa har qanday inson yovuzga aylanib ketar edi! Lekin Chuvrindi adolat hissini, doʻstga sadoqat hissini yoʻqotmaydi! Shu jihatlari bilan Kesakpolvondan oʻn karra baland turadi. Va shu baland turgani uchun ham raqibi tomonidan yoʻq qilinadi.

Asardagi Elchin, Zaynab obrazlari — ichki olami eng yorqin va ishonarli, butun ziddiyatlari ila chizib berilgan obrazlar sirasiga kiradi. Kumush muhabbatidek pokiza bir muhabbatni ilhaqlik ila, begʻuborlik ila kutgan bir qalb qasos qurboniga aylansa va sharmandalik chodiridan qutulish uchun oʻsha ishni qilgan odamga uzatilsa, u qaysi dil, qanday yurak bilan yashab oʻtadi bu dunyodan?! Zaynab fojiasiga bagʻishlangan bob va sahifalar asarni chindan baland mavqega koʻtarib, badiiyatga daxldor etib turibdi. U chinakam iste’dod mevasi ekanidan hech-hech tonib boʻlmaydi.

Shu qizining fojiasi tufayli Asadbek ne koʻylarga tushib, ne oʻtlarga qovrilmayapti! Shu bahonada yozuvchi Shayton saltanatining eng chirkin goʻshalarigacha kirib borib tasvirlashga muvaffaq boʻladi. Bu saltanatda bir toʻda boshqa toʻdani yiqish, sindirish uchun har qanday qabihliklardan qaytmasligini koʻramiz. Elchin Asadbekdan oʻch olish uchun uning qizini oʻgʻirlab, nomusini bukmoqni va bir umr ezilib oʻtishini istaydi. Zaynab shu maqsadda oʻgʻirlanadi. Boshqa bir raqib — Hosilboyvachcha esa, Mardonani ishga solib, Zaynabni ne koʻchalarga yetaklatadi. Igna ila sarxush ettirib, giyohvandlar qavmiga qoʻshadi va sarxushlik holatida suratga olingan kassetani otasiga «taqdim» etadi. Oʻzbek qizlarining bu koʻchaga kirib kelishi avvalo dahshat! Hech bir ota bu isnod oldida chidab turolmas! Ayniqsa, Asadbekdek qudratli odam! Nima bu? Qaytar dunyomi?! Asadbek oʻz qilmishlarining jazosi, qaytimini shu dunyodayoq, tirikligidayoq topayaptimi?

Adib qahramonlarini shunday chigal va ekstremal holatlarga, koʻrgiliklarga solib sinaydi, qovuradiki, har biri nimalarga qodirligini tabiiy ravishda, oʻz-oʻzidan namoyon etib boraveradi. Tan olish kerak, Tohir Malik oʻzbek adabiyotida sarguzasht unsurlari badiiyatning ajralmas qismi ekanini birinchi boʻlib amalda isbot etgan yozuvchidir. Biz shu vaqtga qadar bu unsurlarni mensimay, unga past nazar bilan qarab keldik va adashganimizni endi koʻrib turibmiz. U chuqur badiiy mushohadaga xizmat etishini endi inkor qilib boʻlmaydi. «Shaytanat» bunga yorqin dalil.

Tohir asardan asarga boʻy rostlab borayotibdi. Ayniqsa, shu «Shaytanat»ida chevarligini namoyon etibdi. Chokini chokiga keltirib, voqealarni ulash, taqdirlarni chogʻishtirib borib uch kitobdan iborat yaxlit asar yaratish har qanday adibning qoʻlidan kelavermaydi. Buni chinakam iste’dod egasi, Xudo yuqtirgan talantgina uddalashi mumkin. Asadbekdek murakkab qahramonning shusiz ham chigal hayoti, havas qilmagulik taqdiri atrofida undan kam koʻrgiliklar koʻchasidan oʻtmagan, oʻsha beshafqat hayotda shafqatsizlarcha yashashdan boʻlak yoʻl topmagan Chuvrindidek, Kesakpolvondek bir guruh boshqa olam farzandlarining qismatlarini shunday ishonarli chizadiki, hayratga tushmay ilojingiz yoʻq. Birgina Zelixon taqdiri, Xongirey qismati, ular bosib oʻtgan yoʻl va yetishgan choʻqqi, nihoyat biridan ikkinchisiga meros qolayotgan bu xufiya saltanat bilan bogʻliq voqealar nimaga teng?! Ular chinakam topildiq: Shaytanat saltanatining hududlaridan, qudratidan dalolat berguvchi! Ildizlari qaerga borib tutashuvidan, yovuzlikning urugʻi qaerlargacha sochilib, qanday zaharolud mevalar berayotganidan hikoya etguvchi! Va bular barchasi qoʻshilib, Shaytanat olami haqida shunday yaxlit bir tasavvur uygʻotadikim, bu olam kishisi boʻlib qolishdan Ollohning oʻzi asrasin! Asarni bobma-bob, kitobma-kitob oʻqiganingiz sari, Ollohga qaytishdan oʻzga toʻgʻri yoʻl yoʻq! — degan bir nido yangrab kelaveradi! Asar ichidan jaranglab chiqaveradi!

Tohirning eng katta yutugʻi ham ana shunda! Iymonga chorlashida!

Agar xotirangizda boʻlsa, «Shaytanat»ning birinchi kitobining ichki muqovalarida bir ajoyib ramziy rasm bor edi. Kitobni bezagan iste’dodli yosh rassom Xurshid Ziyoxonov mozoristoni tark etib borayotgan oq tuyalar — avliyolar ruhini chizib, bizni bir hayratga solgan edi. Ikkinchi kitobning ichki muqovalarida esa, shu rassom undan ham ajoyib manzarani aks ettirdi. Yoʻgʻongina, lekin halqumining kichikligini xisobga olmagan ilon kattagina bir baliqni yuta boshlagan-u, yuta olmay qolgan. Baliq nochor, jon achchigʻida dumini asabiy silkiydi, ilon undan nochor — yutib yuta olmaydi, qoʻyib qoʻya olmaydi... Ramz xoʻb oʻrniga tushgan. Qolaversa, bu rivoyatlarni rassom osmondan emas, asardan olgan. U Tohir Malikning topildiqlari, rassom ham buni haqiqiy iste’dodlarda boʻladigan oʻtkir idrok ila anglab, bizga uning aynan magʻzini yetkazib bera olgan.

Men uchinchi kitobning qoʻlyozmasini oʻqiyotib, rassom navbatdagi kitob muqovalariga qay rivoyatni ramz qilib olar va chizar ekan deb oʻyladim. Inson qulogʻiga kirib borayotgan ulkan mingoyoqnimi yoki qanot bitgan chumolilarnimi? Harqalay menga qolsa, Luqmoni hakim bilan ilon suhbati rivoyatidagi ikki oyoqli — baland qilib yaratilgan, lekin bir-birini chaqqanda bedavo qilib chaqadigan odam maxluqlarni butun dahshati bilan tasvirlay olsa qani edi, dedim. Oʻsha rivoyatni eslasangiz, ilon Luqmoni hakimga: «Olloh biz — ilonlarni tuban qilib yaratdi. Ammo biz bir-birimizni chaqmaymiz. Siz — odam bolalarini yuqori qilib yaratdi, siz bir-biringizni chaqib oʻldirasiz. Uning zahriga hatto Luqmoni hakim ham davo topolmagay», deydi. (Hikmat Oʻrolov, Anvar taqdirlarini eslang! Aslida Xolidiylar Asadbeklardan-da xavfli «zot»lardir!).

Hikmat Oʻrolov toʻsatdan qazo qilib, janoza oldidan ilm dargohidagi doʻstu dushmanlari uning uyiga borishgandagi mana bu manzaraga e’tibor bering. «Anvarning koʻziga hamma — doʻst ham, dushman ham ilon boʻlib koʻrindi. Oʻzini ulkan bir ilonxonada his etib, badaniga muz yugurdi. Nazarida qoʻl qovushtirib, qaygʻuga berilganday boʻlib turganlar odamlar emas, balki lunjini shishirib, tilini oʻynatib, bir hamla bilan chaqishga tayyor turgan ilonlar edi goʻyo. «Mana shu turganlarning qay biri qachon qay birini chaqar ekan? Mana shu turganlarning qay biri qachon odam zahrini totib oʻlar ekan? Rostmana ilonlar chaqadiyu qochadi, ikki oyoqlilar esa to koʻmib tashlamaguncha tinchimaydi. Jasadni koʻmish bilan cheklansa koshki edi...»

Shayton yetoviga kirib ketgan iymonsiz kimsalarni bundan oʻtkazib tasvirlash mumkinmikan?!

Shu oʻrinda men oʻzimdan bir ogʻiz soʻz qoʻshgim keldi. Faqat shayton yetoviga tushganlargina shunday chaqqaylar! Iymonli kishilar bundan mustasnodirlar! Zaharning yolgʻiz davosi iymondir. Ollohga qaytmoqlikdir. Chindan ham solih kishilar, u dunyosini oʻylagan zotlar bir-birini ayamaganlarini, amal, shuhrat, dunyo ketidan quvgan kishilardek bir-birlarini chaqib oʻldirganlarini kim koʻrgan?! Agar inson boshi sajdaga yetib ham, masjidga qatnab ham, hoji boʻlib ham yomonligini qoʻymabdi, dilozorligini tashlamabdi — u hidoyat topmabdi. Iymoni sust kimsalardir. Ularni taqvodorlarga tenglashtirmangiz! Tohir Malik asarining magʻzi-magʻzidan sizib chiqayotgan xulosa ham shu!

Fan tilida «intuitsiya» degan atama bor. Oddiy tilda biz buni ichki his bilan sezish, deymiz. Uni qarangki, Ollohga qaytmoqlik — najot ekanligini Xurshidjon ham uchinchi kitobning bezaklarida oʻziga xos talqinda tasvirlabdi. Asarda tabibga oʻz hukmini oʻtkaza olmagan Kesakpolvon uning chopqir otlarini otib tashlashga buyuradi, otlar oʻldiriladi. Demakkim, «odamilon» oʻz zahrini sochdi, tabibni ruhan oʻldirish niyatida uni chaqdi. Qoidaga koʻra rasmda ham shu narsa tasvirlanishi kerak edi. Rassom esa xudoning qudrati bilan ularga mangulik ato etibdi: oʻq otilyapti-yu,otlarga kor qilmaydi, biror tomchi qon ham yoʻq, koʻzlar chaqnaydi, yovqur otlar goʻyo qanot chiqarib uchayotgandek yelib borishmoqda. Ya’nikim, imoni basalomat tabib gʻolib chiqdi. Otlar — uning orzulari ham mangulikka daxldor.

Shaytanat olami girdobiga tushgan Elchinning majruh holati, oʻz jonini saqlab qolish uchun sadoqatdan yuz oʻgirgan Shomilning oxir-oqibatda kallasi olinib sovgʻa tariqasida qutiga joylanishi tasviri; orzu-armonlari abadiy koʻmilgan Zaynabning achchiq qismati — barcha-barchasi biz uchun, hayot atalmish umr yoʻlining oʻnqir-choʻnqirlaridanmi, jin koʻchalariyu ravon yoʻllaridanmi ketayotgan har bir inson uchun hayotiy saboqlardir.

Umuman olganda, Xurshid Ziyoxonovday yosh bir iste’dodning asarni shunday zukkolik bilan tushuna olishi, uning nozik tomonlarini ichki bir hissiyot bilan topib, uchala kitobdagi voqealarni tasvirda bir-biriga bogʻlab bizga yetkaza olganligining oʻzi alohida tahsinga sazovor!

Men «Shaytanat» saviyasi mundayroq oʻquvchilarga moʻl yozilibdi, shuning uchun qoʻlma-qoʻl oʻqila-yotir, ularga jahon adabiyotining durdonasini bersangiz betiga qaramaydilar deb «kuyunayotgan»larni «Oʻzingiz asar davomini qanday kutdingizu qay tariqa oʻqib chiqdingiz?» deb soʻroqqa tutgan boʻlardim. Va shubhasiz, ular vijdonan, ichki tuygʻulariga erk berganlarida edi: «Intiqlik bilan kutdigu chanqoqlik bilan oʻqib chiqdik» degan boʻlardilar.

Vaholanki, «Shaytanat» olami — yaqin oʻtmishdagi bizning olamimiz, bizning voqeligimiz, bu olamni bir tirik vujud deb qaraydigan boʻlsak, shu vujuddagi ogʻriqlar, dard-xastaliklar bizning dardu alamlarimiz. Shunday ekan, nechun biz bu dardlarga, «dard ustiga chiqqan chipqon»larga befarq qarashimiz kerak? Tabobatda bemor dardiga shifo berish uchun, avvalo, kasallik tub-tubigacha aniqlanib, uning ildizlari ochib tashlanadi. Soʻng muolajaga oʻtiladi. Shuning barobarinda, «Shaytanat» dardlarimizga shifo berishda bir vosita — malhamdir ham. Aytingchi, qaysi bir bemor dardiga davo boʻlishi mumkin boʻlgan malhamdan bosh tortgan? Saviyamizning «unday» yoki «bunday»roqligi xususida bosh qotirishning oʻzi joizmikin shunday holatda?!

Yana asar tahliliga qaytamiz.

Avvalo taqdirlarni qarang, biri biriga oʻxshamasligini koʻring. Zelixonni Xongireyga chalkashtirmaysiz, Hosilboyvachchani Shilimshiqqa tenglashtirmaysiz. Asadbek bilan Chuvrindi, Kesakpolvonlar-chi? Har biri oʻziga xos oʻzga olam vakillari. Oʻz qahri-zahri, alami, armonlari bilan betakror shaxslar. Shaytanat olamining ustunlari. Qiyofalari, fe’lu ta’bu dunyoqarashlari bilan ham bir-biriga sira oʻxshamaydi. Ular oʻrtasida goh oshkora, goh zimdan borayotgan kurash butun shafqatsizligi bilan qalamga olinishi, koʻlami bilan hayiqmay tasvirlanishi chiroyli. Asadbekning oʻz otasi qabrini ziyorat etgani borishi, Kozlov bilan aloqalari, Xongireyning dasti uzunligi, u yuborgan tergovchilarning ashaddiy siquvlari va nihoyat Zelixonning qurbon berilishi sahifalari asarni baland pogʻonaga koʻtarib turibdiki, uncha-muncha yozuvchi Shaytanat olamining bu oʻrdalariga kirib borishga jur'at ham etolmaydi, iqtidori ham yetmaydi. Ayniqsa, Asadbek ogʻir xastalikka chalingandan keyin shaytanat olamida uning oʻrnini egallash uchun boshlangan pinhona va ochiq kurashlar asarga yangitdan «jon va ruh» bagʻishlab yuborganki, bu Tohirning mahoratidan dalolat berib turibdi.

Mana shu xastalik ayniqsa, Asadbek safdoshlari uchun zoʻr sinov boʻlib, shu bahonada Chuvrindining sadoqati, Kesakpolvonning hojasining oʻrni uchun «oʻlib-qutilish»lari yana ham yorqinroq ochila boradi. U yolgʻiz da’vogarlik uchun kurashib, oʻzidan necha bosh baland turgan Chuvrindini ustalik-la yoʻqotishi faqat Shaytonsaroylarga xos yovuzlikning bir koʻrinishidir.

Asadbek Chuvrindining qabri tepasida yolgʻiz qolgandagi manzarani eslang: «Ikki bir xildagi marmar tosh. Birida onasi, ikkinchisida Samandar ukasi. Ularning yoniga ukadek aziz boʻlib qolgan Chuvrindi qoʻyildi.

Asadbek osmonning koʻz yoshlari ostida picha turdi. Paltosi ivib ketdi. Yuzlarini, koʻz yoshlarini qor aralash yomgʻir yuvdi.

«Bu yer mening joyim edi, Mahmud ukam. Sen kelding. Yoningda yana bir joy bor... «Mastlikda boʻlgan» deyishyapti. Men bunga ishonmayman. Senga qasd qilganni xor qilmasam, otimni boshqa qoʻyaman. Qasos olmagunimcha yoningga kelmayman...»

Kimdir uning qoʻlidan ushlab tortdi.

Oʻgirilib qaradi: Kesakpolvon.
— Sen mening yuragimga tupurding, — dedi Asadbek.
— Unday dema, Asad, agar bu mening ishim boʻlsa, Xudo ursin!
— Yoʻqol...
— Asad...
— Yoʻqol, dedim!..»

Ha, busiz ham oʻzini Xudo urib qoʻygan Kesakpolvonning ishi edi bu. Asadbek uni ichki bir tuygʻu ila his etib, sezib turibdi.

Qolaversa, u Asadbekning yuziga birinchi tupurishi emas. Boshda topishgandayoq, bolalikdayoq tupurib ulgurgan edi. Eslang, oʻgʻri toʻgʻrining yuziga, valadi zino alamdiydaning yuziga tupurgan edi.

Bu beshafqat tasvirlar qahramon ichki olamiga dahldor boʻlmay nimaga dahldor ekan? Nega bizni shunchalik larzaga solyapti ekan, agar chinakam badiiyatga aloqador boʻlmasa! Qalbning nozik pardalariga tegib titratmasa?

Asadbek kechagi beshafqat tuzumning alamzada farzandi. Achchiqma-achchiq beshafqatlik koʻchasiga kirgan, qasdma-qasdiga jamiyat qonunlarini oyoq osti qilib, qasos-la qalbiga malham topib yurgan va hech kimga boʻy bermay kelayotgan odam. Agar u vaqti-vaqti bilan eng toʻgʻrisoʻz doʻsti Jalilni koʻrgisi kelib qolmaganida, tanchasi pisillagan oʻsha eski uy — otasidan qolgan yolgʻiz xotirani qoʻmsab bormaganda, bilmadim, uni shu koʻchada yurgan boshqa yovuzlardan farqi qolmasmi edi! Lekin u ham tirik inson, ojiz banda ekanini biz ogʻir xastalikka chalinib, mungli bir qiyofaga kirganida, qoʻli qisqaligini sezib qolganida yaqqol koʻramiz. Ayniqsa, Asadbekning oʻsha xastalik boshlanganda koʻrgan tushi, ruhi shodlar va qabr azobini tortayotganlar diyorida kezib, onaizorining «oh»ini eshitib, qabri ustida olov tillarini koʻrishi, xasta Samandarni, otasini uchratishi, ular bilan muloqotlari shunaqa jonli, ishonarli tasvirlanganki, oʻqib lazzatlanasiz. Muallif bizni Asadbek qalbining qahrdan xoli, armon toʻla puchmoqlarigacha yetaklab kiradi.

«— Ada, — deb ajablanadi Asadbek. — Siz ham shu yerdamisiz?
— Hammamiz birgamiz, toychoq, — deydi otasi jilmayib.
— Yaqinda men ham kelsam kerak, — deydi Asadbek.
— Kelasan... Men kutyapman. Senga chena yasab qoʻyibman... chenada uchishni sogʻindingmi?
— Sogʻindim, ada.
— Bolam, qiynalib ketdingmi? — deydi onasi.
— Qiynaldim, — deydi Asadbek.
— Kela qol, adang... yogʻoch chena yasabdilar oʻzlari.

Asadbek atrofga alanglaydi. Chena koʻrinmaydi. Ba’zi qabrlar ustida charx urayotgan oq qushlarga ajabsinib qaraydi.
— Bular qanday qushlar? — deb soʻraydi.
— Bular... ruhlar... u dunyoda solih farzand qoldirganlar.
— Siznikida olov koʻrdim?..
— Oh, bolam... sen qabr azobi nima ekanini bilmaysan...
— Sizlar bu dunyoda halol yashadingiz, umrlaringiz azob bilan oʻtdi. Yana qanday azob?..
—...Solih farzand — amali...
—...Nima bu?..

Onasi javob oʻrniga «oh!» deb qoʻyadi.

Qabriston etagida oq tuyalar koʻrinadi. Tuya karvoni asta yurib, qabristonni tark eta boshlaydi.
— Oq tuyalar ketishyapti, — deydi onasi afsus bilan.
— Ularni qaytarish kerak, — deydi otasi.
— Mozorlarimizdan avliyolar ketib qolishyapti. Odamlardan iymon koʻtarilyapti.

Asadbek avval ham eshitib edi bu gapni... Manzura aytib edi. Onasi ham aytyapti.
— Tuyalarni qaytaraman, — deydi Asadbek.
— Qaytarolmaysan, — deydi otasi...»

Keyin Asadbekning atay Krasnoyarga — otasi tutqunda yotgan joylarni izlab borib, ovloq oʻrmon chetidagi mozoristondan qabrini topib, ziyorat etishi— uncha-muncha dunyo koʻrgan, dunyo kezgan farzandlarning ham xayoliga kelmagan ish. U shu jihatlari bilan ham oʻz zamondoshlaridan bir pogʻona yuqori turadi. Qalbi ham ayrim paytlari yumshab ketadi, olijanob ishlarga qodirday koʻrinadi-yu, qalbiga bir vaqtlar tuxum qoʻyib ulgurgan yovuzlik uygʻonib ketganda tamomila sitamkor va qasoskorga aylanadi. Uning Muhiddin otaga aytgan gaplarini eslang.

«Men namoz oʻqimasam ham Xudodan qoʻrqadigan insonman. Oʻlganimdan soʻng doʻzaxda kuyishimni bilaman. Sizni bilmayman-u, ammo men shoʻro hukumatidan butunlay noroziman. Doʻzaxda avval shu hukumat kuyishi kerak!» deydi u. Asadbek qanaqa murakkab shaxs ekani xuddi mana shunday nozik pallalarda butun boʻy-basti bilan koʻrinib ketadi. Uning tabibdan shifo istab borganida (xuddi Zelixon singari) qariyalarga qoʻshilib, namozga oʻtgisi kelishi... oʻtishi qanchalik tabiiy boʻlsa, tuzalib, dard orqaga chekingach, Xudoni unutib, shaytanat olamiga shoʻngʻib ketishi shunchalik ishonarlidir. Qalblarini yovuzlik zardobi bosib ketgan bunday kishilar osonlikcha iymonga kela qolmaydilar. Asadbek fojiasining butun dahshati ham shunda, sabogʻi ham shunda.

«Shaytanat» asarida nurga yoʻgʻrilib, san'atkorona chizilgan bir talay obrazlar ham borki, ular roʻmonga oʻziga xos ohang desammi, mung desammi, nur desammi taratib turibdilar. Bu eng avvalo Anvar, Zaynab, Elchin obrazlaridir. Anvarning zauraliklar bilan muloqotlari, ruhlar olamiga sayohatlari va nihoyat uning yozib qoldirgan xatlari asarga bir oydinlik bagʻishlab, haqiqat nurini sochib turibdi.

«Hurlik nimaning evaziga berildi? — deb yozadi u.— Qonlar evazigami? Jonlar evazigami? Jon berishga tayyor azamatlar bormi bu ulugʻ Turkistonda? Xumoyun Mirzo xastaligida tabib Bobur Mirzoga «Eng qadrli narsangizni atang», deganda shoh Bobur «Eng qadrli narsa — jonim, jonimni berayin», degan ekan. Xasta ona Turkistonga kim jonini fido qiladi? Oʻlimdan qoʻrqmas, botir oʻgʻlonlar nahot butunlay qirilib bitgan? Bu qanday hayot oʻzi? Kun bor — quyosh yoʻq. Osmon bor — yulduzlar yoʻq. Vatan bor — vatanparvar yoʻq...

Alixontoʻra Sogʻuniy domla aytgan ekanlar: «Agar oʻzbeklar oshning atrofiga birlashganday birlashganlarida edi, allaqachon erkka erishgan boʻlar edilar. Men bu aqlli satrlarga ozgina tahrir kiritmoqqa jazm etdim:

«Agar oʻzbeklar toʻplanib, toʻy-ma’raka oshiga oshiqqanlari kabi iymonga oshiqqanlarida edi, mustaqillikka shubhasiz erishardilar».

Ulugʻ Turkistonni faqat iymon birlashtiradi...»

Oʻsha kechagi shoʻrolar jamiyatida shunday odam jinni deb e’lon etilishi va oʻzini osibgina ruhiga erk berishi tabiiy edi. U shunday fojiona qazo topdi. Zamonga sigʻmagan Anvarni ozod ruhlar chaqirib oldilar.

Bu mungli qissa shaytonsaroyning gunoh kitobiga abadiy yozilib qoldi. Xuddi Asqar Qosim qissasi kabi... Elchin fojiasi kabi... Boyaqish Elchin. Shunday iste’dodli hofiz. Qaysi shayton uni yoʻldan ozdirdi? Xonumonidan, suygan xotinidan ajratgani, oʻn yil qamoqxonalar tuzini tottirgani kam ekanmi? Qasos koʻchasiga roʻbaroʻ qilmasa? Mana endi Asadbekni oʻtday kuydirib, sal taskin topdim deganda... Noilasi rozi emas. Axir uning ruhini rozi etish uchun qilmabmi edi shu ishni?

Asarda haqiqatni oydinlashtirib kelaturgan ruhiy holatlar, parvozlar, oʻtgan yaqinlarning ruhlari bilan uchrashuv-muloqotlar nozik, muxtasar tasvirlarda aylanib-aylanib keladiki, ular roʻmonga yangi fazo va yangi havoday tushgan. Esingizda boʻlsa, muallif oʻsha Fargʻonadagi ur-sur tasvirida birinchi bor shu uslubga murojaat etgan edi. Zelixon hushidan ketganida tushga oʻxshagan gʻalati bir narsa koʻrganini oʻn ogʻizgina soʻz bilan ifodalagan edi: «Boshimga zarba tushishi bilan hammayoq gir aylandi. Keyin atrofni zulmat oʻradi. Ikkita sharpa kelib, qoʻltiqlab koʻtardi. «Yaxshi boʻldi, bulardan qutqaradi», deb oʻyladim. Sharpalar qoʻltiqlab koʻtargancha meni chir aylantirib balandga, juda balandga olib ketishdi. Xuddi sahrodagi girdobga tushib qolganday boʻldim. Keyin birdan zulmat tugab, yorugʻlikka chiqdik. Atrof shu darajada yorugʻ ediki, koʻzlarim qamashib ketdi. «Buni nimaga olib keldilaring, hali muhlat bor», degan gʻalati ovoz eshitildi. Keyin yana girdobga tushdim, yana zulmatda qoldim. Sharpalar meni yerga yotqizib, yoʻq boʻlishdi. Keyin koʻzimni ochsam... Yigitalining ayvonida yotibman.

Zelixon javob kutib, Ismoilbeyga tikildi. Ismoilbey bir oz oʻyga toldi, chuqur xoʻrsindi. Soʻng:
— Buning ta’birini aytishga fikrim ojiz, — dedi. — Vallohi a’lam, Tangrim joningni qaytarib beribdi. Buning ma’nosi shuki, endi sayoq yurishingni tashla. Qalbingni zangdan tozala...
— Qalb zangi? — Zelixon kulimsiradi. — Rosa zoʻr gaplarni topib gapirasiz-da, togʻa. Hozir namoz oʻqiyotganingizda nima uchundir mening ham oʻqigim keldi...»

Inson ruhiy olamining behudud sarhadlarigacha kirib borishga urinish, ruhlar olamiga sayohatlar keyinchalik Anvar, Elchin obrazlarini ochishda, taqdirlarini chizishda, fojialarining ildizlarini koʻrsatib berishda juda ham qoʻl kelgan. Roʻmondagi bu bob va sahifalar simirib oʻqilsa-da, hech yoddan koʻtarilmay, chuqur oʻylarga toldiraveradi. Hayotning nihoyati imtihon dunyosi ekani, har kim ekkanini oʻrishi, hech bir jinoyat jazosiz, yaxshilik mukofotsiz qolmasligi teranroq anglatib borilaveradi.

Muallif hatto xayoliy suhbatlar, tasavvur olamida kezishlar, armonli onlardagi qalb kechinmalari tasvirlaridan ham zargarona, uzukka koʻz qoʻygandek foydalanib ketadiki, bular barchasi birgalikda badiiyatga xizmat qilgan. Ayniqsa, bu usul alohida muhabbat-la tasvirlangan Zaynab obrazida, uning ichki olamini nazokat ila chizishda juda ham qoʻl kelgan. Shusiz ham armonlari beadad, shusiz ham orzulari toptalgan Zaynabning onasi-la xayolan suhbatlarini eslang.

«— Sen bolaligingda Kumush boʻlishni orzu qilarding.
— Orzu qilardim, oyijon.
— Kumush zaharlangan edi, shuni oʻylamabmiding?
— Ha, zaharlangan edi.
— Oʻzbek oyim qora kiygan edi-ku...
— Ha, qora kiygan edi.
— Zaharlangan Kumush qayta tirilar, deb oʻyladingmi?
— Oʻyladim, oyijon.
— Oʻzbek oyim qora libosini tashlaydi, motam kunlari tugaydi, deb xayol qildingmi?
— Xayol qildim, oyi».

Shaytanat olami Zaynabni ana shunday goʻzal orzularidan, bir umr kutib ardoqlab kelayotgan Kumush muhabbatidan judo qildi. Nainki uni, Zelixondek, Chuvrindidek mard yigitlarni ado qildi, bevaqt xazon qildi.

Anvarni quvgʻindi, Elchindek hofizni xarob etdi. U olim-ku, u iste’dod-ku demadi.

Asadbek-ku qasos deb nimaga erishdi?

Eslang. Ukasidek aziz boʻlib qolgan Chuvrindidan ayrilgan... «Asadbek qabristondan toʻgʻri eski shahardagi uyiga bordi. Sovuq uy. Sovuq tancha. Xuddi qirq yil avvalgi kabi...»

U har yili oʻttiz birinchi dekabr kuni shu uyda boʻlardi. Bu safar kela olmagandi... Kechikib boʻlsa-da, «Bugun keldi. Yelkasida bir olam gʻam bilan keldi. Inson bolasiga xos pokiza tuygʻularni quvgan kundan beri oradan qirq yildan oshiqroq vaqt oʻtibdi. Oʻshanda mitti yuragiga yovuzlik tuxum qoʻygan, yovuzlikning birinchi ovozini oʻrtogʻi Jalil eshitgan edi.
— Ularni oʻldiraman!..

Hozir bu ovozni oʻzi ham eshitdi. Eti seskandi...»

Seskangani rost boʻlsin!

Yetib kelgan joyini anglagani rost boʻlsin!

Siz ila biz esa «Auzu billahi minash-shaytonir rojiym» deya quvilgan la’nati shayton yomonligidan Olloh panohini soʻraylik. Ilohim, har birimizni Oʻzi haq yoʻliga boshlab, boshga tashvish tushgan kezlarda chiroyli sabr etguvchilardan qilsin. Yerdagi barcha gunoh ishlarni chiroyli koʻrsatib qoʻyguvchi Shaytondan oʻz panohida asrasin.

III- qism
 
Keyingi



  1. (Fir'avnga) deyildiki: «Hayotdan umid uzganingda (endi) iymon keltirdingmi? Ilgari Ollohga osiylik qilgan va buzgʻunchilardan boʻlgan eding?!»
  2. Ey Odam farzandi, qachon balo va musibatga yoʻliqsang, meni yodga olasan, lekin qachon u baloni sendan koʻtarsam, meni hech tanimas kishidek esdan chiqarib yuborasan.
  3. Hazrat Alisher Navoiydan.
  4. Mazmuni budir: Mehribon va Rahmli Olloh nomi bilan (boshlayman). (Ey Muhammad) aytingki: «Men barcha insonlarning Parvardigoridan, barcha insonlarning Ilohidan (menga) oʻzi jin va insonlardan boʻlgan, insonlarning dillariga vasvasa soladigan (qachon Ollohning nomi zikr qilinganida) yashirinib oladigan vasvasachi (shayton)ning yomonligidan panoh berishini soʻrab iltijo qilurman». («An-nos» surasi. Alouddin Mansur ma’no tarjimasi).