OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (IV- kitob, I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm389KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (IV- kitob, I- qism)
Tohir Malik

Muqaddima

Bismillahir Rohmanir Rohiym

«
Ey Odam farzandilari, shayton ota-onangizning avratlarini oʻzlariga koʻrsatish uchun ustlaridan liboslarini yechib, jannatdan chiqarganidek, sizni ham fitnaga solmasin. Albatta u (ya’nikim, shayton alayhila’na) va uning yordamchilari sizni oʻzingiz koʻrmaydigan tomondani koʻrib turadi. Biz, albatta, shaytonlarni iymon keltirmaydiganlarga doʻst qilganmiz.
U (ya’nikim Olloh) bir guruhni hidoyat qildi. Boshqa guruhga yoʻldan ozish haq boʻldi. Chunki ular Ollohni qoʻyib, shaytonlarni oʻzlariga doʻst tutdilar, hamda oʻzlarini, albatta, hidoyat topuvchilar deb hisoblaydilar.

«A’rof» surasining 27, 30-oyatlaridan ma’no tarjima.
»


«
Xudovando, na qildim turfa yozdim,
Shayotin makri birlan yoʻldan ozdim.
Pushaymonman parishon oʻtgan ishdan.
Bahoru tiyra moh yozu qishdin.

Soʻfiy Ollohyorning «Sabotul ojiziyn» kitoblaridan.
»


Borliq olamlarni yaratish barobarinda bizlarni — odam bolalarini yoʻqdan bor qilgan, iymon, ma’rifat, ilmu adab, hikmat bahsh etgan, oʻzining vahdati zotini, asmai sifatini bizlarga — qullariga bildirgan Xoliqi dahrga madhu tahsinlarimiz va shukrlarimiz boʻlsin.

Rahim va Rahmon habibi, olamlar nuri, olimlar faxri boʻlmish Muhammad mustafo salallohu alayhi va sallamga salotu salom va tahiyyat boʻlsin.

Muhtaram paygʻambar afandimizning aziz avlodlariga, xonadonlari ahliga, din yoʻlida yordamchilari, dunyoi oxiratda sodiq yorlari martabasidagi ulugʻ birodarlariga salovotlar boʻlsin. Va jami anbiyo salovatullohi alayhim va avliyoi kirom ruhlariga vosil boʻlsin va biz miskinlardan rozi va hushnud boʻlsinlar. Insha Alloh, omiyn. Ammo ba’d:

Shukrlarimiz boʻlsinkim, necha yillardan beri shaytonga tobe olam ahvolining bayoni bahonasida siz muhtaram kitob muhiblari bilan birgamiz. Sizlardan benihoya minnatdormankim, saxovatingizni ayamaganingiz holda bir ojiz va notavon banda sababi bilan qogʻozga tushirilgan mazkur bitikdagi sahvul-qalamga kechirimli boʻldingiz, uzrlarimizni e’tiborsiz qoldirmadingiz. Yana bir quvonchimiz shuki, shayton vasvasasiga berilmoqlik, shaytonga qarshi jihodda magʻlub boʻlmoqlik oqibati Siz — azizlarni loqayd qoldirmadi. Siz bilan biz «Falonchi qoʻshnim (yoki hamkasbim, yoki qarindoshim) mening dushmanim», de-yishga odatlanganmiz. Men buni bir oz oʻzgacharoq tarzda bayon qilgan boʻlardim. Sababki, Odam bolasining Odam bolasiga dushmanligʻi durust emasdur. Odamning yagona dushmani — iblisdur! Iblisning eng zoʻr quroli — nafs. Demakki, biz dushmanni atrofimizdan emas, oʻz vujudimizdan, oʻz ruhimizdan izlamogʻimiz joiz. Buyurilmishkim, «la-tazanil xolqa bimizanika, vazzin nafsaka bi mizonil qavm». Ma’nosi budirkim: «Xalqni oʻz oʻlchoving ila oʻlchamagil, bil’aks, oʻz nafsingni qavm (xalq) oʻlchovi (mezoni) ila oʻlchagil». Shunga bizlar amal qilsak, hidoyat yoʻlidan toymasmiz, insha Alloh.

Toʻrtinchi kitobga jamlanuvchi fikrlarni qogʻozga tushirish avvalida ayrim izohlarni bayon etmoqqa hojat sezildi. Dastlabki umidimiz — voqealar bayonini uch kitobga jamlash edi. Uchinchi kitobda umidga yetkurgan Tangrimizga shukrlar qilganimiz holda asarga soʻnggi nuqta qoʻyilganini ma’lum etib edik. Yashirmaymiz, dastlabki ahdga binoan oʻzimizni zoʻrlagan holatda asarni yakunlaganday boʻlib edik. Ana shu zoʻrakilik talabchan kitobxonlarimizga ma’qul kelmabdi. Uchrashuvlarda, maktublarda asar yakun topmagani xususida tanqidiy fikrlar bildirildi. Shu kezlari giyohvandlik oqibatlari muammolari hususida hujjatli film uchun ma’lumotlar toʻplashga toʻgʻri keldi. Mazkur jarayon ham asarni davom ettirishga da’vat etdi. Bizni endi hijolatga solayotgan bir sabab bor: «Bemaza qovunning urugʻi koʻp boʻlar», deganlaridek, asarning choʻzilishi oqibatida Siz — azizlar hafsalasini pir qilib qoʻymasak boʻlgani... Nachora, yaxshi umid bilan yana qoʻlga qalam oldik, rahmli Parvardigorimizdan xayrli nihoyasiga yetkazmogʻini soʻraymiz.

Munojotimiz budir:

Iloho Parvardigoro! Izzating va jaloling haqqi, anbiyoyu mursalin va avliyoyi solihiyn va ulamoi rosixin raziyallohu anhum ajma’yin arvohi shariflari hurmati, biz zaif va gunohkor qullaringni ham bu qavmdan benasib qilmagil va ul xos naslidankim, bularga nasib etding, bizlarni ham mahrum qilmagʻil. Va shar’iy amallarimizni gunohlarimizga kafforot aylagil va soʻnggi nafasda iymonimizni shayton makridan oʻzing saqlagil. Omiyn ya Robbil alamiyn[1]!

Shundan soʻng Haq taolo inoyati bilan bayonlarimizni boshlarmiz, biavnillohi taolo.

I bob

1

Lahtak bulutlar qitmirligi tufayli yayrab nur tarata olmayotgan quyosh shom kirishini kutmayoq bota qolganday boʻldi. Tongda esa Begʻubor osmon umidida kayta bosh koʻtardiyu yana bulutlar shumligiga uchradi. Olmoniya quyoshining tayinsizligiga, fayzsiz tonglariga Manzuraning chidashi ogʻir kechdi. Zotan, uning qalbi shu quyosh kabi ojiz holatda edi. Garchi oʻgʻillarining toʻyidan koʻngli ravshanlashgan boʻlsa-da, havotir bulutlarining chaqinidan bagʻri kuyib turardi.

Eri Asadbekning, qizi Zaynabning ayanchli ahvolidan bexabar boʻlsa-da, oʻziga ham noma’lum bir tuygʻu koʻnglini gʻashlik buluti bilan chirmab turardi. Asadbekning telefonda toʻng ohangda gaplashishi uni ajablantirmas, bu holatga yillar boʻyi koʻnikib ketgan edi. Uni ezayotgan narsa boshqa — eri har safar «uyga qaytishga shoshilma»,— deb gapni qisqa qiladi. Qudalari esa «Qachon qaytasizlar?» deb ochiq aytishmasa ham koʻz qarashlaridan shu ma’no sezilib turardi. Oʻgʻillari nigohida ham shu savol zuhur edi. Ma’suma ayol savolga javob qaytarishga qodir boʻlsami edi, bu yerda bir on ham qolmasdi.

Qanotlari qayrilgan emas, qirqib olingan qush holatidagi Manzura tunda quyosh balqishini kutgan notavon kabi eridan har daqiqada bir mujda kutardi.

Manzura qamoqdagi mahbus holatida edi, deyilsa yumshoqroq aytilgan boʻladi. Chunki mahbus ozodlikka qachon chiqishini biladi, shu kunni, soatni, orziqib kutadi. Kutish ham u uchun bir saodat. Har tunda yostiqqa bosh qoʻyib har tongda koʻz ochishining oʻziyoq bir baxt. Manzura esa yana qancha tund tonglarni musofirlikda qarshilashini bilmaydi.

Oʻzini qafas temirlariga uraverib qanotlarini majruh etgan qush ahvolidagi Manzuraning dardi qudalariga ayon edi. Shu bois koʻngil xiraligi tarqab, dilga bir yorugʻlik moʻralarmikin, degan maqsadda Shvetsariyaga safar qilishni taklif etishdi. Mehmonning ixtiyori mezbonda boʻlgach, Manzura nima deya olardi? Oʻgʻillar onadagi tashvish bulutini nari haydash niyatida Alp togʻlarining benazir goʻzalligini madh etishdi. «Bolaning koʻngli dalada» deganlari balki shudir. Hozir gʻoyibdan bir ovoz kelib «jannat eshiklari senga ochiladi, kirasanmi yo uyingga borasanmi?» deyilsa u hech ikkilanmay uyga qaytmoqni ixtiyor etardi. Zotan, ahli oilaga muhabbat ham iymonning goʻzal bir koʻrinishidir.

Ikki oʻgʻli, ikki kelini, Guluzor begim hamrohligida maqtalgan yerlarga borgan Manzuraning zimiston koʻngliga ravshanlik moʻralay olmadi. U farzandlari kichikligida Nanayga bir necha marta chiqqan, suv ombori qurilib, qishloq buzilgach, anchagacha koʻngli vayron boʻlib yurgan edi. Keyinchalik Mahmudning xotini bilan boshqa qishloqlarga ham chiqdi, Shohimardonga ham bordi. Biroq, dastlab chiqqanida diliga oʻrnashgani uchunmi, boshqa joylarni Nanayga oʻxshata olmadi. Shvetsariya Alplari deb nom chiqargan, dunyodagi mana man degan boylarning sevimli maskaniga aylangan bu qorli togʻlar uning aqlini lol qila olmadi. Toʻgʻri, u yozloqqa chiqqan, qorli togʻlarning havosidan esa nafas olmagan edi. Mahmudning xotini «Opa, bollarni olib Chimyonga chiqaylik, chena uchib kelishsin», deganida «Qishning sovugʻida togʻda balo bormi?» deb unamagan edi.

Kelinlari bilan oʻgʻillarining yayrab changʻi uchayotganlarini koʻrib ham koʻzlari quvondi, ham «bular oʻqishyapti, desam changʻi uchishdan boʻshashmagan shekilli» degan fikrga keldi. Manzura «oʻgʻillarim changʻi uchishni shu yerda oʻrganishgan», deb oʻylab yanglishdi. Choʻlponoy bilan Mushtariyning shu yerda oʻrganganlari ayni rost. Abdusamad bilan Abduhamidning Jamshid hamrohligida tez-tez Chimyonga chiqib turishganidan u bexabar edi. Bolalari bir safar ijozat soʻrashganida «yiqilib, u yer-bu yerini sindirib olmasin» degan: havotirda ruxsat bermagan, yuragi qaynab turgan oʻgʻillarining yashirincha chiqishlarini esa xayoliga ham keltirmagan edi.

Qorli yonbagʻirdagi odamlar orasidan Manzura oʻgʻillarini nigohi bilan izlaydi. Yiqilib tushayotganlar oʻgʻliday tuyulib, yuragiga bir zirapcha sanchilganday seskanadi. Holatini sezdirmaslikka harakat qilsa-da, Guluzor begim undagi havotirni fahmlab:
— Bu yerning qori xuddi par bolish kabidir, yiqi-lajak oʻlsangda bir huzurlanursan, — deb qoʻydi.
— Siz ham uchasizmi? — deb soʻradi Manzura ajablanib.
— O, albatta, — dedi Guluzor begim qahva hoʻp- lab. — Bu shunchaki shoʻxlik mevasi emas, sihhat uchun-da lozim oʻlaroq bir amaldir.

Ular oʻtirgan qahvaxona osoyishta, taralayotgan yoqimli ohang ham shunga mos edi. Guluzor begim boshini egganicha nimanidir oʻyladi, hatto huzurida aziz mehmon oʻtirganini ham unutganday boʻldi. Soʻng boshini koʻtarib deraza osha tashqariga qaradi-da, xuddi oʻziga oʻzi gapirganday pastroq ovozda:
— Neki vor, xapsi choʻx goʻzaldur, — dedi. Keyin yuzini qudasi tomon burib, qoʻshib qoʻydi: — Ammo xapsidan Vatangina goʻzalmishdir!

Keyingi jumlada armon zuxur edi. Biroq, oʻz yogʻiga qovrilib yurgan Manzura buni «uyingizni sogʻingandirsiz?» degan ma’noda tushunib yengil seskandi.

Taqdir iplari farzandlari tufayli goʻyo bogʻlanganday boʻlgan bu ikki ayolning sogʻinchlari, armonlari bir-biriga sira oʻxshamas edi. Ta’bir joiz boʻlsa Vatan sogʻinchi Guluzor begimga ota meros, qon bilan kirgan, jon bilan chiqgʻuvchi fazilatdir. Oʻzining emas, volidayn kindik qoni toʻkilgan Vatan tuprogʻiga qadam qoʻymay, havosidan nafas olmay turib sogʻinish qanday boʻlishini tasavvurimizga sigʻdirishimiz, bayon etishimiz gʻoyat mushkul. Vatan — ya’ni ota yurtni sogʻinish darajalarini belgilamoqda «musofir boʻlmaguncha musulmon boʻlmas», degan hikmatni hisobga olmoq balki joizdir? Deydilarki, bulbulni «gar oltun qafas ichra» saqlasangiz ham sayramas ekan.

Manzuradagi sogʻinch hislari esa butunlay oʻzga. Vatan ismli oʻlchovsiz tuygʻudan holi, demoqlik nooʻrindir. Chunki u sogʻinayotgan oila, hovli, yaqinlari — Vatanning zarralaridir.

Yaratganning moʻ’jizalariga aql bovar qilmaydi: shu kabi togʻ, shu kabi qor koʻpgina yurtlarda mavjud. Guluzor begim aytganlariday, bu yerning qori par yostiqday yumshogʻu boshqa yerniki toshday qattiq emas. E’tiborli jihati shundaki, qorli togʻlarning har biri oʻsha yurt egasi uchun suyumliroq. Shu bois ham Manzurani bundagi manzara lol qoldira olmadi. Balki eri, qizi ham yonida boʻlsa bu chiroyni ilgʻarmidi?

Qahva ichayotgan Guluzor begim bilan ta’msiz tuyulgan boʻlsa-da, mezbonning hurmati uchun oʻzini zoʻrlab choy hoʻplayotgan Manzurani bogʻlab turuvchi bir narsa bor: bu qalblardagi hislarni yuqori maqomda bayon etolmaslik, bu hislar toʻlqinida joʻsh urib suhbatlasholmaslik yoki bahslasha olmaslik.

Shaharchani aylanish ham, qahvaxonada oʻtiraverish ham Manzurani zeriktirdi. Mehmonning oʻgʻillari bilan shahar sayriga chiqqanidan foydalangan Guluzor begim esa qizlariga qoʻshilib changʻi uchdi, koʻngil chigilini yozib oldi. Bir hafta — oʻn kunga moʻljallangan sayohat Manzuraning koʻngliga qarab, uch kundayoq nihoya-siga yetdi.

Shvetsariyadan ketmay turib Mahmud — Chuvrindiga qoʻngʻiroq qilib muammoni oydinlashtirmoqchi boʻldi.
— Mahmudjon, akangizning dardini siz yaxshi bilasiz, kelaman, deb oʻzlari kelmayaptilar, qaytib ketay desam, unga unamaydilar, siz biron nima bilsangiz ayting, — dedi.

Chuvrindi nima desin? Yangasi «akangizning dardini siz yaxshi bilasiz», deydi. Zohiriy dardini-ku biladi, ammo ayta olmaydi. Botiniy dardini esa gumon koʻzlari bilan koʻradi. «Akam dard bilan yolgʻiz oʻzlari olishib, yolgʻiz oʻzlari magʻlub boʻlmoqchilar. Yangamning koʻz yoshlari toʻkib oʻtirishlarni istamayaptilar», deb tahmin qiladi. Tahminida ozgina jon boʻlsa-da, xojasining asl maqsadini u ham aniq bilmaydi.

Soʻnggi onlari yaqinlashganini sezgan magʻrur burgut oʻlimni inida kutib olmay osmonga parvoz qilib soʻng oʻzini qoya toshlariga urar ekan. Chuvrindi xojasini ana shu burgut misolida koʻrardi. Unga faqat bir narsa: soʻnggi parvozning qachon va qanday boʻlishi noma’lum edi. Chuvrindi bularni ham ayta olmadi. Shuning uchun:
— Akam tayyorlanyaptilar. Bu yerda zarur ishlar chiqib qoldi. Akamdan avval Zaynab borsalar kerak. Bir-ikki kundan keyin ruxsat tegadigan boʻlib turibdi, — deb qoʻya qoldi.

Bu mujmal javob Manzurani qanoatlantirmay Olmoniyaga qaytgan kunning ertasiga uyiga qoʻngʻiroq qildi. «Adasi, siz keyinroq kelarsiz», degan taklif hamda qaytmoqlik ahdini ma’lum qilib qoʻyish niyatida edi. Boloxonadagi yigitning «Bek akam janozaga ketganlar» deyishi yuragidagi xavotir uchqunini oʻt oldirdi.
— Kimning janozasi? — deb soʻradi ovozi titrab.

Yigit «bu shumxabarni aytish mumkinmi yo yoʻqmi?» degan mulohazada sukut saqladi. Aslida u «Bek akam yoʻgʻidilar-a», deb gapni qisqa qilmogʻi joiz edi. Xayoli kutilmagan fojia bilan band boʻlgani uchun beixtiyor ravishda «janozaga ketganlar» deb yuborgan edi.
— Kimning janozasi? — deb qayta soʻradi Manzura.
— Mahmud akamniki, — dedi yigit bir oz dovdiragan holda.
— Qaysi Mahmud? — Manzura «Qaysi Mahmud» ekanini anglagan boʻlsa-da, «ishqilib men tanimaydigan boshqa odam boʻlsin», degan ilinjda qayta soʻradi. Yigitning navbatdagi sukuti bu ilinjga quvvat berganday boʻlib, soʻng esa gʻippa boʻgʻib qoʻya qoldi: Chuvrindining fojiasi haqidagi shumxabar hushini oldi.

Manzura goʻshakni joyiga qoʻygach «koʻnglimning xijilligi bekorga emas ekan», deb oʻyladi. Tugʻishgan ukasiday boʻlib qolgan odamning fojiasi dastlab uni gangitgan boʻlsa, soʻng oʻzi yashayotgan olamda halokatlar tasodifiy boʻlmasligini bilgani uchun ham xavotir oʻtida qovrila boshladi. Erining safarni paysalga solishi, Mahmud — Chuvrindining ikki kun avvalgi mujmalroq javobi, nihoyat fojia haqidagi xabar yuragining bir chekkasini jizillatib turgan xavotir choʻgʻiga moydek sepilib alanga oldirgan, endi bu oʻtni oʻchirish mumkin emas edi. Mana shu tashvish gulxani undagi mutelik chegarasini buzdi. Manzuraning beorom qalbi uni kamdan kam hollarda yuz beruvchi inqilobga da’vat etdi. Faqat qudalarini emas, oʻgʻillarini ham ajablantirgan holda safari yakun topganini ma’lum qildi. «Mehmonning izzati uch kun edi, toʻy bahonasida shuncha qolib ketdim, qizlarimni darrov bagʻringizdan yulib olgim kelmadi», deb lutf qilmoqchi boʻldi-yu, ammo lablaridagi yengil titroq, koʻzlaridagi parishonlik koʻngil notinchligini ayon qilib qoʻydi.

Manzuraning shu kunga qadar qaytishga shoshilmayot-gani qudalarga malol kelmayotgan boʻlsa-da, «u tomonlar tinchlikmikin, ishqilib?» degan xavotirlari mavjud edi. Qudalarining qaytmoqlik xususidagi ahdi bu xavotirni nari surgani bilan roʻparalariga ayriliq balosini koʻndalang qilib qoʻydi. «Buncha shoshmasangiz, hali sizga toʻyganimiz yoʻq», degan soxtaroq lutf qudani ahdidan qaytara olmasa ham aytildi.

Yurtni sogʻingan yuraklar qalblarining ikki parchasini yulib olib yurtga uzatishdi.

O, bu baxtga tashna yuraklar roʻparada balo bulutlarining yamlashga shay turganini bilishsami edi...

Inqilobga jazm etgan mushtipar oʻz qarori bilan qaygʻu-alamlar koʻchasiga burilganini bilsami edi...

2

Bir kun oldin Asadbek gʻalati tush koʻrgan edi.

Buni tush deyish ham qiyin. Mashinada kelaturib bir daqiqaning nari-berisida mizgʻidi. Radioda aytilayotgan gaplarni eshitib turdi, demak, uxladi, de-yish mumkin boʻlmaganidek, tush koʻrdi, demoqlik ham oʻrinsiz. Balki xayoliga chaqmoq kabi urilgan beoʻxshov manzara unga tushday tuyulgandir. Manzura uyda boʻlganida borib aytardi, u yoʻyib bir ma’no chiqarardi... Asadbek oʻzicha ma’no qidirib koʻrdi-yu, «bunaqa bema’ni tushda ma’ni nima qilsin» degan toʻxtamga keldi. Uning fikri toʻgʻri: aloq-chaloq, ma’nisiz tushlar koʻp koʻriladi, ammo bunaqasi uchramaydi.

Nima emish, kafanga oʻrab-chirmalgan Asadbek tobutda yotganmish. Tobut ham qiziq, atrofiga oq mato oʻralgan emas, shagʻal tashiydigan zambilga oʻxshash, oʻlikning ham koʻnglini aynitadigan bir balo emish. Odam oz emish. Kafanlangan Asadbek «Oʻynab-kulib yurib minglab oshna-ogʻayni orttiribman-u, tobutimni koʻtaradigan yigirmata doʻst topa olmabman-da», deb oʻylab xoʻrligi kelibdi. Tirik odam xoʻrlansa chorasi oson: birovni urib-soʻkar, yoki yigʻlab olar. Kafanlangan bechora nima qilsin? Asadbek oq surpga emas, alam matosiga oʻralganicha yotaverganmish. Bu ham mayli, chiday oladigan manzara. Tobut oldidagi manzara jinnining ham esini teskari qilib yuborishi mumkin.

Nima emish: jirkanch tobut oldida qoʻsh surnay, qoʻsh nogʻora, qoʻsh karnayu qoʻsh childirma! Baka-bakabum avjida. Oldinda esa toʻn kiyib belini bogʻlagan Kesakpolvon yer tepinib oʻynab boryapti. «Hoy ahmoq, — dermish kafanlangan Asadbek, — bel bogʻlagan odam ham tobut oldida oʻynaydimi?» Bu savolni eshitgan Kesakpolvon qah-qah otib kularmish. «Toʻy boʻlganidan soʻng oʻynayman-da» dermish. «Toʻy? — deb ajablanarmish kafanlangan Asadbek, — kimga toʻy, kimga aza?» «Bizga toʻy, — dermish Kesakpolvon, — senga esa aza...»Keyin mozorga olib borishdi. Mozormi yo shahar ahlatxonasimi — ajratish qiyin boʻlgan bir joy. Agar shu joyni oʻlikka koʻrsatib «soʻnggi makoningni koʻrib qoʻy» deyilsa, oʻrnidan turib qochib qolishi aniq. Lekin kafanga chirmalgan Asadbek chorasiz emish, qocha olmasmish. Lahadga qoʻyilib, tuproq tortila boshlaganida qorining tilovati eshitilmaydi, bilaks, yana oʻsha qoʻsh surnay, qoʻsh nogʻora avjiga chiqadi. Hamma oʻynaydi-quvnaydi. «Oʻlik koʻmishga ham qasam ichirvordilaring...» deb gʻijinarmish lahaddagi Asadbek. Keyin qarasa lahaddagi boshqa odammish, oʻzi qabr tepasida turganmish. Lahadning ogʻzi ochiqmish, pastda yuzi ochilib, qiblaga moyil qilib qoʻyilgan odamga «Kim ekan?» deb qararmish-u, ammo tanimasmish...»

Koʻrganlari mana shular. Dahshat desa dahshat emas, fikrlashga, ma’ni qidirishga ham arzimaydigan ta-yinsiz bir manzara... Oʻsha onda shu fikrda edi.

Ammo ertasiga, Chuvrindining oʻlimini eshitgach, bema’ni sanalgan shu tushni yana yodga oldi. Yuzi ochilib, qiblaga moyil qaratib qoʻyilgan mayitni esladi. Tobut oldida, soʻng qabr atrofida oʻynayotgan Kesakpolvon koʻz oldida gavdalandi. «Bizga toʻy, senga aza», degan gap qulogʻi ostida jarangladi.

Asadbek Kesakpolvonning taxtga intilishini kutgan-u, ammo Xongireyning bu maqsadidan bexabar edi. Kesakpolvonning karnay-surnay navosiga emas, balki Xongireyning doʻmbrasiga oʻynayotganini keyinroq fahmlaydi. Keyinroq fahmlaydiyu ilon chaqib dogʻda qolgan odam holiga tushadi. Ingraydi, toʻlgʻonadi, qani edi bundan bir foyda boʻlsa?!

Bunga hali vaqt bor. Hozircha ilon uning iliq bagʻrida, ozgina besaranjomligi inobatga olinmasa rohatda deyish ham mumkin.

Janozaga qadar ham, qabrga tuproq tortilayotganda ham Asadbek beixtiyor ravishda Kesakpolvonni kuzatdi. Mayit lahadga qoʻyilayotganda Kesakpolvonning «Voy jigarim! Voy ukajonim!» degan oʻkirigi «Voy, otam!»leb boʻzlayotgan bolalarning nolasini bosib ketdi.

Asadbek goʻrkov tutgan ketmon yuziga bir siqim tuproq tashlagach, Jalil uni yomgʻirdan panaga, nariroqdagi shiyponga tortmoqchi boʻldi. Bu bilan xasta doʻstini ham yomgʻirning savalashidan, ham ruhiy azobdan himoya etmoqchi edi. Asadbek unga norozi qiyofada qaradi. Shunda Jalil namlangan koʻzlar egasining dardu gʻam dengizi naqadar mavjli ekanini fahmladi. Koʻzlarining bu kabi dardli boqishini u koʻp yillar muqaddam koʻrgandi. Ukasi, soʻng onasi dafn etilayotganda ham qorachiqni shunday gʻam pardasi toʻsgan edi. Asadbek oʻshanda ham ovoz chiqarib yigʻlamagan edi.

Asadbek Chuvrindining oʻgʻli qoʻlidagi belkurakni olib qabrga besh-olti marta tuproq tashlagach, bir oz chekindi, ammo uzoq ketmadi. «Taborak» oʻqilib, yuzlarga fotiha tortilgach, Jalil tarqalayotgan odamlarga qoʻshilib nari yurdi, soʻng qabr tepasida yolgʻiz qolgan Asadbekni, u tomon yura boshlagan Kesakpolvonni koʻrgach, toʻxtadi.

Asadbek «hamma yoqni boʻktirib tashlayman» deganday kerilib yogʻayotgan qor aralash yomgʻirning qiligʻiga parvosiz ravishda turardi. «Bu yer mening joyim edi, Mahmud ukam... Senga qasd qilganni xor qilmagunimcha yoningga kelmayman...»

Qadimda qabristonni ziyorat etmoqqa ijozat yoʻq ekan. Soʻng «bandalar mozoristonni koʻrib oxiratni oʻylasin, degan maqsadda ruxsat etilgan ekan. Shunga koʻra ertami-kechmi qismati qattiq guvalaga bosh qoʻymoq boʻlmish odam tavbani, shayton vasvasasidan qutulmoqni oʻylashi kerak. Yuzlariga qor zarralari, sovuq yomgʻir tomchilari urilayotganini sezmay turgan Asadbek esa izmini iblis hukmiga toʻla topshirib, yana toshga aylangan qalbini qasam bilan quvvatlantirgan edi. Zulm-ga zulm bilan javob qilmoq uning nazdida haqiqat edi.

Hukm qat’iylashgan paytda kimdir qoʻlidan ushlab tortdi. Oʻgirilib qaradi: Kesakpolvon.
— Sen mening yuragimga tupurding, — dedi Asadbek.
— Unday dema, Asad, agar shu mening ishim boʻl- sa — Xudo ursin!
— Yoʻqol!
— Asad...
— Yoʻqol dedim!

Kesakpolvon uch-toʻrt qadam chekindi-yu, ammo yoʻqolmadi. Oshnasining shumshayib turishiga toqat qilolmagan Jalil unga yaqinlashib, jiqqa hoʻl yelkasiga qoʻl tashladi.
— Asad, yur, keldi-ketdiga qarab turishing kerak.

Asadbek akasining yoʻrigʻidan chiqmaydigan moʻmin boladay Jalil boshlagan yoʻlga yurdi.

Mashina Chuvrindi yashagan koʻchaga yaqinlashganda Asadbek Halimjonga:
— Oʻngga burma. Toʻgʻriga hayda, — dedi. Soʻng picha sukut saqlagach, qoʻshib qoʻydi: — Eski uyimga hayda.

Jalilga uning bu qarori gʻalati tuyuldi.
— Sen bu yerda turishing kerak, — dedi u.
— Turolmayman... chidolmayman.
— Bormasang... sendan koʻrishadi...

Asadbek javob bermadi. Halimjon buraymi yo ketaveraymi, deganday mashinani sekinlatdi. Buni sezgan Asadbek zardali tovushda buyurdi:
— Toʻgʻriga hayda, dedim!

Jalil Asadbekning bu buyrugʻiga e’tiroz bildirmadi. Mashinadan tushib oshnasiga ergashganda Asadbek uni ostonada toʻxtatdi:
— Uyingga boraqol.

Juda mayin, dardli, ayni choqda iltimos ohangida aytdi. Boshqa vaziyat boʻlganida Jalil «Odamga oʻxshab gapirishni ham bilar ekansan, a» deb uzib olgan boʻlardi. Hozir esa «ukamdan xabar olay-chi», deb ota hovlisiga kirib ketdi.

Sovuq uy. Sovuq tancha. Xuddi qirq yil avvalgi kabi.

Hoʻl paltosini yechmay tanchaga oʻtirib, qunishdi. Eti uvishdi. Deraza orqali tashqariga qaradi. Osmonu zamin hukmronligi uchun bir necha soatlik olishuvdan soʻng bemavrid yopirilgan shoshqaloq yomgʻir qishning soʻnggi sovuq nafasiga dosh berolmay chekingan, qor zarralari esa gʻalabadan mas’ud, shoshmay-shoshmay, yayrab-yayrab, uchib-uchib, soʻng atalasi chiqayozgan yerga asta qoʻnardi. Ikki yarim oylik qish hukmida tomir-tomirlarigacha muzlayotgan zamin yuziga qoʻnayotgan qor zarralaridan goʻyo junjikardi, hoʻl paltosi bilan sovuq tanchada oʻtirgan odam kabi qunishardi. Oradan koʻp fursat oʻtmay yer sathi oqardi. Asadbekning xayoliga urilayotgan fikrlar bu beozor qor zarralari kabi emas, balki beayov uriluvchi doʻl singari edi.

Krasnoyarga borib qaytguniga qadar bu uyga har kelganida, shu yerda oʻtirib deraza osha koʻcha tomonga qaraganida goʻyo eshik ochilardi-yu, chana koʻtargan dadasi koʻziga koʻrinardi. U bir-ikki qadam bosardi-yu, ammo uy ostonasiga yetib kelolmasdi. Uning izidan oʻsha ikki odam paydo boʻlardi. Dadasining «Toychoq!» degan xitobini ularning «Biz doʻstlarimiz, otang — xalq dushmani!» degan sovuq saslari boʻgʻib oʻldirardi. Otasining qabrini ziyorat qilib qaytgach, oʻzi ham tushunmagan holda, bu manzara koʻrinmay qoldi. Kimdir uy ichida xoʻrsindi. Bir emas, bir necha marta xoʻrsindi. Asadbek bu holatdan bir oz choʻchidi ham. Uyda uzoq oʻtira olmadi.

Hozir ham dadasini koʻrish ilinjida yana qaradi. Eshik ochildi...

Eshik ochildi-yu, Jalil ijroqoʻm vakilini boshlab kirdi. Asadbek «yoʻlni narigi mahalladan sol, bu yer buzilmaydi», degach, «ijroqoʻmdan kelgan oʻrtoq» beixtiyor ravishda «ish boshlangan, loyihani oʻzgartirib boʻlmaydi», deb yubordiyu tilini tishladi. Asadbekning oʻqrayib qarashiga dosh berolmay, iziga chekindi. Jalil unga ergashgan edi, Asadbek zaharli ovozi bilan uni toʻxtatdi:
— Jalil!
— Kuzatib qoʻyay, — dedi Jalil, ostona hatlab.
— Jalil! — zaharli ovoz endi tahdid libosiga oʻraldi. — Oʻtir. Chaqirilmagan mehmon, oʻzi ketaveradi.
— Tanchaga choʻgʻ olib chiqaman.
— Oʻtir dedim, senga!

Jalil qaytib, tanchaga omonat oʻtirdi. Keyin oʻrnidan turib qoʻshni xonaga kirdi-da, elektr pechi olib chiqib qoʻygach:
— Ahmoqlik ham evi bilan-da. Sen ahmoqqa qoʻshilib shamollashga tobu toqatim yoʻq, — deb yana tashqariga chiqdi. Uch-toʻrt daqiqadan soʻng xokandoz toʻla choʻgʻ koʻtarib kirib tanchaga soldi. Chap panjasida siqimlab turgan isiriqni choʻgʻ ustiga tashlab, joyiga oʻtirgach, «gaping boʻlsa, ana endi gapir»deganday oshnasiga qarab oldi.

Asadbekning unga aytadigan gapi yoʻq edi. Faqat bir necha daqiqalik yolgʻizlikdan soʻng doʻstining yonida boʻlmogʻini istab qolgandi. Bir zumlik sukutdan keyin Jalil qarashiga yarashiqli javob oldi:
— Ilgari ham shunaqa ahmoqmiding yo endi ahmoq boʻlyapsanmi?
— Ha, ukaxon, nimaga achishib qoldi?
— Oʻrtogʻingni boshlab kirishing shartmidi?

Jalil notoʻgʻri ish qilganini anglab tursa ham aybiga iqror boʻlgisi kelmadi:
— Uyma-uy yurgan ekan, men boshlab kelibmanmi?

Jalil avj pardasini ozgina koʻtarish evaziga dahanaki olishuvni debochasidayoq oʻz foydasiga hal qildi. Itining fe’li egasiga ma’lum deganlaridek, oshnasining qiligʻini yaxshi bilgan Asadbek «yana bobillab bermasin», degan havotirli oʻyda magʻlublik tamgʻasiga itoat etib, bitta gapdan qola qoldi.

Oyogʻidan issiq oʻtgach, badani boʻshashdi. Uyqu bosib mudray boshlaganda koʻcha eshik ochilib, ostonada toʻn bilan telpak koʻtargan Halimjon koʻrindi. Jalil oʻrnidan turayotganida Asadbek koʻzlarini ochib, tashqariga qarab oldi-da, oshnasining mehribonligidan iyib ketdi. Toʻn, telpak, issiq jun koʻylak, jun paypoq olib kelishga Halimjonni joʻnatish hatto oʻzining ham xayoliga kelmagan edi. Asadbek kiyimlarni almashtirib olgach, dekchada qaynoq shoʻrva, issiq non, choy kiritildi. Asadbekning ishtahasi boʻlmasa ham oʻrtogʻining zoʻri bilan shoʻrvani xoʻrillatib ichib oldi-yu, peshonasidan ter chiqib, tanasi yayradi.

Ikki piyola choyni ketma-ket ichib olgach, Jalil loʻlabolishga yonboshladi:
— Kambagʻalning toʻygani — chala boy boʻlgani, — dedi u kekirib. — Senga qoʻshilib men ham boy boʻldim, xudoga shukr.
— Men-chi? — dedi Asadbek.
— Sen mendan batarroq kambagʻalsan.
— Shoʻrva ichgandan keyin hammi?
— Sen kambagʻal-boy deganda nimani tushunasan oʻzing? Puling koʻp boʻlsa boysan-u, yoʻq boʻlsa kambagʻalmisan? Pul deganing qoʻlning kirimi? Sobitxonning gaplarini eshitganmisan? Odamning choʻntagi emas, iymoni boy boʻlishi kerak. Egamning oldiga shu boylik bilan borib roʻpara boʻlasiz.
— Shoʻrva ichsa, iymon boy boʻladimi?
— Kallang joyidami? Shoʻrva nimayu iymon nima, farqiga borasanmi oʻzing?

Jalilning chala mullaligi tutib, u yer-bu yerda eshitganlarini dastak qilib «amri ma’ruf»ni boshlab yubordi. Asadbekning jimgina oʻtirib tinglashi Jalilga ilhom berdi — hali u, hali bunisidan choʻ-qilab-choʻqilab, boʻzchi bilganini toʻqiganiday gapiraverdi.

Asadbekning someligi zohiran edi. Xayoli Chuvrindining oʻlimiga doir muammolar chigilini yechish bilan band boʻlgani sababli aytilayotgan nasihatlar u qulogʻidan kirib bunisidan chiqar, miyaga oʻtishga, fikr xazinasidan joy olishga uning ojiz holati yoʻl qoʻymas edi. Uning uchun eng ma’quli — Jalilning tinmay «sayrab» turishi. Nima desa ham mayli, gapirsa bas, hozirgi holatida Asadbekning vayron koʻngli yolgʻizlik azobiga dosh berolmaydi. Jalil uyiga kirib chiqqunicha buni his qildi — uy devorlari oʻrnidan siljib, uni siqa boshladi. Jalilning jim oʻtirishi esa, yolgʻizlikdan ham yomonroq.

Tosh boʻlib qotgan, muhrlangan qalbni eritmoq fursati oʻtganini fahmlamagan Jalil oshnasining oʻziga xos mamlakat fir’avni ekanini, oxirat qismati ham fir’avnniki kabi ekanini oʻylab koʻrmagan edi.
— Xudo sening joningni qaytib berdi, bir oʻlib, bir tirilding, — dedi Jalil. — U dunyoga oʻtishingga bir qarich qoluvdi. Oʻlsam nima boʻlaman, deb oʻyla-dingmi hech?

Bu savol Asadbekning someligi soxta ekani, «amri ma’ruf»ni tinglamayotganini fosh qilib qoʻydi.
— Senga gapiryapmanmi yo devorgami? — dedi Jalil zardali ohangda.
— Gapingni qaytar, tushunmadim, — dedim Asadbek yengil yoʻtalib.
— Eshitsang tushunarding, —Jalil shunday degach, savolini takrorladi.

Asadbek xayolidagi parishonlikni yashirish uchun javobdan boʻyin tovladi:
— Oʻlimni oʻylash uchun kasal boʻlish shartmi, oʻzing oʻylamaysanmi?
— Mening oʻylashim boshqa, seniki boshqa. Olloh chaqirsa, «labbay!» deb ketaveraman. Mening bu dunyoda achinib tashlab ketadigan matohim yoʻq. Senga qiyinroq, shuncha toʻplangan mol-dunyoni tashlab ketish oʻzi boʻladimi? Hali bu topgan-tutganlaringni hisobini berishing ham bor. U yoqda yumshoq karavotu par yostiqlar yoʻq. Muzdek yerda yotasan...

Bu gapni eshitgan Asadbek xuddi lahadda yotgandek seskanib ketdi:
— Gapingning sovuqligini qara, oying muzxonada tuqqanlarmi seni?
— Gapim sovuq boʻladimi, issiqmi — haqiqat shu!

Koʻcha eshigi ochilib, Toʻlqin koʻrinmaganida ularning bu «shirin» suhbatlari soʻkish bilan yakunlanishi aniq edi. Toʻlqin ularning sinfdoshi, aynan shuning yoʻqolgan perosi tufayli bolalar Asadbekka tupurib, «xalq dushmanining bolasi»ga oʻz nafratlarini izhor etishgan edi.

Jalil tanchaning choʻgʻxonasidagi choynakni olib choy quyib uzatdi. Asadbek Toʻlqinni har koʻrganida oʻsha tupurish voqeasini eslab, bir ijirgʻanib olardi. Ayni damda, yuragi zardobga toʻlib ezilib turgan onlarda uning tashrifi dard ustiga chipqonday boʻldi. Toʻlqin bemavrid kirganini fahmlab, qanday turib ketishni bilmay kalovlandi.
— Asadbek aka, qalay, yaxshi yuribsizmi?— dedi-yu, koʻzlarini undan olib qochib, najot umidida Jalilga qaradi. Asadbek «ha» deb qoʻya qolsa, osmon uzilib yerga tushmas edi. Shunday boʻlsa ham indamadi. Oradagi bir lahzalik sovuq sukutni Jalilning ovozi quvdi:
— Qachondan beri Asad senga aka boʻlib qoldi? — dedi u bir oz kinoya ohangida.
— Ha, endi hurmatlari bor-da.
— Hurmati zoʻr boʻlsa boshqalarga zoʻr, sen bilan menga u bor-yoʻgʻi bir oshna. Qolgani sen bilan menga sariq chaqa. Ha, biron yoqqa shoshyapsanmi yo akaginangni koʻrib ishtoningni hoʻl qilib qoʻydingmi? — Jalil bu gaplari bilan «ma’nili biror gaping yo yumushing boʻlmasa keta qolganing ma’qul», deganday ishora qildi. Toʻlqin buni tushundi, qaynogʻi oʻlmagan choyni hoʻplab, ogʻzi kuysa ham yutdi-da:
— Janozaga oʻtib ketayotgan edim, qarasam eshik ochiq ekan, balki sizlar ham borarsizlar, bahonada koʻrishib qoʻyay, deb kiraverganim, — dedi.
— Kim oʻlibdi? — Jalil shunday deb u uzatgan piyolani oldi-da, guldor patnis ustiga qoʻydi.
— Suhrob ota, bir paytlar pochtachi boʻlgan odam-chi?

Bu gapdan keyin Asadbek unga yalt etib qaradi. Toʻlqin u odamning xatchi ekanini ta’kidlamasa ham Asadbek yaxshi biladi. Krasnoyardan qaytgach, otasining xatlarini kim yoqib yuborganini bilganda uni boʻgʻib oʻldirgisi kelgandi. Shuni esladi-yu «Baribir oʻlibdi-a» deb toʻngʻilladi. Toʻlqin uning gapini anglamay «menga gapirdimi?» degan savol nazari bilan Jalilga qaradi. Jalil Asadbekning gapini eshitib, tushungan boʻlsa-da, e’tiborsiz ravishda fotihaga qoʻl ochdi. Toʻlqin qaynotasining huzuriga ilk bor kirgan kuyov kabi dovdirab oʻrnidan turdi. Ostona hatlayotganida Asadbek uni toʻxtatdi:
— Toʻlqin, sendan bir iltimos, oshna, oʻsha janozaga borib yurma, u palidni yoqib kulini sovurgan odam savobga qoladi. Sen bollarni toʻplab kel. Osh qilib berishni niyat qilgan edim, bugun bi-ir oʻtirishaylik.

Toʻlqin «xoʻp» dediyu «gapi chinmi?» deganday Jalilga qaradi:
— Ha, men buni bitta oshga tushirganman.
— Asadbekni shu paytgacha hech kim tushirmagan, senga yoʻl boʻlsin, — dedi Asadbek, keyin Toʻlqinga yuzlandi. — Koʻchada turgan bolani aytvor, kirsin.

Toʻlqin koʻchaga chiqishi bilan Halimjon ildam yurib kelib uy ostonasida toʻxtadi.
— Sen nima qilib turibsan?! — dedi Asadbek unga qahrli nigohini qadab. — Kim kelsa kiritaverasanmi?
— Bolalikdagi oʻrtogʻingiz ekanlar, — dedi Halimjon gunohkor odam tovushida.
— Akang men bilan oʻtirganida birovni qoʻyma yoki avval soʻrab, keyin qoʻy, nima deding, ukam?

Jalil vaziyatni yumshatishga urinmasa ham Asadbek xayoliga kelgan fikrdan koʻngli bir oz yumshagani tufayli yigitga boshqa tanbeh berish niyati yoʻq edi.
— Bollarga ayt, ikkiyu ikki[2]ga moʻl xarajat qilib chiqishsin, — dedi Asadbek.

«Oʻtmish esa hamisha totli» deganlaridek, bolalikda orttirilgan doʻstlari, ular yaxshi boʻladimi yo ablahmi — farqsiz, koʻngil tusab turadi. Bunday nafs xuruji boshqalarga nisbatan Asadbekda kamroq sodir boʻlardi. Ne ajabki, hozir ezgin bir kayfiyatda oʻtirganda, hatto Toʻlqinning tashrifi yoqmay turganida kamnamo sogʻinch uygʻondi. Jalil buni tushuna olmas, Asadbekning esa izoh bermoqqa toqati yoʻq edi.
— Menga qara, ukam, mahallachilik degan gaplar bor. Osh pishguncha janozaga chiqib kela qolaylik, — dedi Jalil.

Asadbek qovoq uyub qarab qoʻydi-yu, indamadi.
— Hali ham alaming bormidi unda. U bechora atay qilibdimi? Musulmon musulmonning gunohini uch kun ichida kechirib yuborishi kerak.

Bu gap Asadbek vujudidagi gʻazab otining bir sapchishiga sabab boʻldi. Qoʻli beixtiyor ravishda patnis ustidagi piyolaga yugurdi, beixtiyor ravishda piyolani changalladi, beixtiyor ravishda uni Jalilga qaratib otmoqchi boʻldi, ammo koʻz koʻzga tushishi bilan fikridan qaytdi, sovub qolgan choyni yon tomonga sepib tashlab, piyolani «toʻq» etib joyiga qoʻydi.
— Azroilning tugʻishgan jiyani boʻlsang ham oʻzingni bosib ol, bola, — dedi Jalil. — Nega toʻxtading? Otavermaysanmi, basharamni majaqlamaysanmi? Qonsiragan boʻlsang, bira toʻla soʻyib tashlay qol.
— Oʻchir! — Asadbek shunday deb baqirdi-da, soʻng tin oldi. Keyin horgʻin ovozda, xuddi oʻziga oʻzi gapirganday dedi: — Menga qara, donomaxsum, sen tugʻilishing bilan kindigingni oʻzing kesgansan, a? Bilib qoʻy, men u haromning gunohini uch yuz yilda ham kechmayman. Oʻlganimda shu isqirtning yoniga qoʻygin, goʻrda ham boʻgʻib yotaman. Sen ogʻaynimsan-u, ammo darding boshqa. Yuragimni kemirib yotgan qurtlar borligini bilmaysan. Bilmaganingdan keyin pista qilib oʻtir.

Eshik ogʻzida Halimjon koʻrinmaganida ehtimol Jalil ham pista qilib oʻtirish qoʻlidan kelmasligini aytgan boʻlardi. Halimjon uning qalampirga belanayotgan gaplarini tilga chiqmay qolishiga sababchi boʻldi.
— Bolalarga aytdim, — dedi Halimjon hisobot ohangida. — Yangam telpon qilganmishlar.

Asadbek uchun bu xabar xavotirsiz edi. Shu sababli bosiqlik bilan soʻradi:
— Nima debdi?
— Sizni soʻrabdilar xalos.

Asadbek «boʻpti, boraver», degan ma’noda ishora qildi. Xotinining bu qoʻngʻirogʻi ulugʻ qaygʻular saroyi darvozasi qulfiga solinajak ochqich ekanini uning gʻofil qalbi sezmadi.

Kesakpolvon aziz farzandidan ayrilib, dunyo koʻzlariga qorongʻu koʻrinayotgan ota qiyofasida turar edi. Qabristonga kelganlarning aksari qorining tilovatidan soʻng tarqalishdi. Uning «qaygʻuli» koʻrinishiga birov ahamiyat berdi, birov e’tiborsizgina qarab qoʻya qoldi. U oʻzini motamsaro qilib koʻrsatishga tirishsa-da, olazarak koʻzlari gʻamdan yiroq ekanini oshkor etib turardi. Yaqinroq tanishlar «bandalik», deb ta’ziya bildirib qoʻyardi. Uning olazarak koʻzlari esa odamlar orasidan Asadbekni qidirardi. Yuragi ayriliq azobi bilan emas, xavotir tashvishi bilan tepardi.

Asadbekning qabr tepasidagi gapi, hozir esa koʻrinmay qolishi uni qafasga tiqilgan mahluq holatiga soldi. «Sen mening yuragimga tupurding», degan gapning magʻzini chaqmoqchi boʻldi. Bolalikda «xalq dushmanining oʻgʻliga nafratini izhor etish uchun» yuziga tupurgani nechundir esiga kelmadi. Asadbek ilgarilari achchiqlanganida ham uni «yoʻqol!» deb haydab qolardi. Ammo bugungisi boshqacharoq ohangda, «butunlay yoʻqol» degan mazmunda jarangladi.

«Nima uchun darrov mendan gumonsiradi?» deb oʻyladi Kesakpolvon. Keyin oʻzidan oʻzi nafratlandi: «Asad, agar shu mening ishim boʻlsa — Xudo ursin!» degan gapi endi oʻziga gʻalati tuyuldi. «Nega darrov qasam ichdim. Nega oʻzimni oqlashga urindim?» deb gʻashlandi. «Qoʻrqoq, oldin musht koʻtarar» deganlari kabi xatoga yoʻl qoʻyganini fahmlab, qafasdan chiqish yoʻllarini izlay boshladi. Agar Asadbek shu yerda boʻlganida yonida turib, bir-ikki gaplar bilan yumshatishga harakat qilarmidi... Shunday oʻylardi-yu, ammo Asadbekni qanday gaplar yumshata olishi mumkinligini bilmas edi. Shuning barobarida dargʻazab xojasining qayda qolganini yoki qayga joʻnaganini ham bilmasdi.

Kesakpolvon beoʻxshov pildirak kabi xizmat qilib yurgan Xumkallani koʻzi bilan imlab, mashinasi tomon yurdi. Xumkalla hayallamay, tezgina yaqinlashdi.
— Bek akang koʻrinmay qoldi-ku? — dedi Kesakpolvon labiga sigaret qistirib.

Xumkalla choʻntagidan chaqqonlik bilan yoqqich olib unga olov tutdi:
— Jalilxon akamiz bilan billashib moshinaga oʻtiruvdilar. Keyin bilmadim, hayronman, qayoqqa ketishdiykin? — dedi.
— Bu akangni nima deb chaqiruvding? — Kesakpolvon unga oʻqdek koʻzlarini qadadi.
— Bek akam chaqiryaptilar, tez yetib keling, dedim.
— Oʻziga aytganmiding?
— Oʻzlari hali kelmagan ekanlar, oʻgʻillariga ta-yinlovdim. Ogʻzimga roʻmolcha tutib gapirdim, meni tanimadi.
— Hayvon! — Kesakpolvon shunday deb barmoqlari orasida tutayotgan sigaretni uning yuziga otdi. Xumkalla bir seskanib, orqasiga tislandi. Atrofda odamlar boʻlmaganida uch-toʻrt tepki mazasini totib koʻrmogʻi tayin edi.
— Hayvon, yoʻqol! — dedi Kesakpolvon. U ham Asadbek kabi gʻazab bilan gapirdi. Xumkalla shoshib iziga qaytdi-yu, «yoʻqol!» degani oddiy haydash emas, balki hukm ekanini fahmlamadi.

Kesakpolvon Asadbekning nima uchun dargʻazab boʻlganini endi tushundi. Xojasining yuragini bir-ikki gap bilan yumshatish mumkin emasligini ham angladi. Shu paytga qadar Asadbek bilan necha marta xafalashgan, arazlashgan boʻlsa, bularning barchasi holva ekani, qabr tepasida aytilgan gaplar til uchida emas, yurak qa’ridan otilib chiqqanini ham fahmladi.

Yarim tunda Moskvaga, Xongireyga qoʻngʻiroq qilib «Mahmud tinchidi» deb suyunchilaganda boʻlajak xojasining «ehtiyot boʻl, oʻzing ham tinchib qolmagin», degan ogohlantirishini esladiyu eti bir seskandi. Bu seskanish yengil qoʻrquvning zarbidanmi edi yo ivigan paltosidan oʻtib badaniga sanchila boshlagan sovuqdanmi — farqlay olmadi. Xumkallaning orqasidan bir zum tikilib turib, bu befahmni tuqqan onasini eshakka roʻpara qilib soʻkindi-da, mashinasi eshigini ochib, orqa oʻrindiqqa oʻtirdi. Old oʻrindiq gʻilofining choʻntagidan bir uchi chiqib turgan konyak shishasini olib qopqogʻini ochdi, piyolaga quyishga qanoat qilmay, shundayligicha koʻtarib, nafasi qaytguniga qadar qultillatib ichdi. Bu bilan nafsi orom olmagani sababli yana koʻtardi. Soʻng oʻrindiq orqasida turgan ikki nokning birini olib karsillatib tishladi. Konyak badaniga iliqlik bergach, shisha uchinchi marotaba koʻtarildi, ammo bu safar kamroq ichdi. Qopqoqni burab mahkamlagach, shishani joyiga qoʻydi.

Shu damda u faqat «Jigari»ning oʻliminigina emas, balki navbatdagi ikki saydning taqdiridan boʻlak hamma narsani unutgan edi. Tezlik bilan ovlanajak jonning avvali — Xumkalla. Uning umr bayoniga nuqta qoʻyish Kesakpolvon uchun ogʻir ish emas. Chirt etib yuborganday bir gap. Faqat «qaerda, qachon, qanday?» degan savollarga javob topsa bas.

«Jigari» Mahmud taqdiriga doir bu uch savolga javob topgan onda «ukaxoni»ga biroz achingan edi. Xumkallaga esa achinmadi. Odam tuproqda oʻrmalayotgan qumursqani behos bosib olmay deb rahm qiladi. Ne qaygʻuki, Yaratgan bunday fazilatni barcha bandalariga bir xilda beravermas ekan. Kesakpolvonni yaxshi bilgan odam Tangrining bu moʻ’jizasiga lol qolib, kichkinagina gavdaga shunchalar koʻp beshafqatlik, berahmlik, zulm choʻgʻi qanday jo boʻlgan ekan, deb yoqa ushlaydi.

Qonni qon bilan yuvib boʻlmaydi, degan oddiy haqiqatni anglashga qaldirgʻoch moʻylovini silagancha oʻyga tolgan Kesakpolvonning aqli qosirlik qilar edi. U kecha qonga belangan qoʻlini ertaga yana qon bilan yuvmasa oʻz qoni daryosiga gʻarq boʻlishinigina bilardi. Jonini asrab qolish uchun jon olmoqdan oʻzga yoʻl unga koʻrinmas edi.

U necha kunlardan beri gumoni ta’qibida boʻlgan Halimjonni ham oʻyladi.

Hosilboyvachchaning qaysi goʻrga tiqilgani bilan qiziqib yuruvchi bu yigitga ham qat’iy boʻlmasa-da, hukm chiqarib qoʻygan edi. Halimjon faqatgina «militsiyaga sotilgan» degan gumon toʻrida ekani uchun emas, balki Kesakpolvonga boʻysunmay, Chuvrindi bilan Asadbekka sodiq boʻlgani uchun ham bu dunyoda yashab yurish huquqidan mahrum etilgan edi.

Kesakpolvon shu hukmni ijro etmoq fursati yetdi, degan toʻxtamga keldi. Halimjon bilan Xumkallani bir-biroviga qayrab qoʻysa bas, qaysinisi aqlliroq boʻlsa yana uch-toʻrt kuncha tirik qoladi. Keyin esa oʻzi ham qurbonining izidan yetib boradi.

Kesakpolvon bundan oʻzgacha niyat, oʻzgacha reja qilishi mumkin emasdi.

Idoraning yangi rahbari xona ashyolarining oʻrnini oʻzgartiradi. Bu barchaning koʻz oʻngidagi zohiriy ishi. Botiniy ishi esa xodimlarning ma’lum qismini haydab, ular oʻrniga oʻziga sadoqatli odamlarni toʻplashdan iborat boʻladi. Kesakpolvon zohiriy ishlarga muhtoj emasdi, shu bois botiniy yumushlarni hali taxtga oʻtirmayoq boshlab yuborayotgan edi. Shaytanat olamining oʻzga dunyodan farqi ham shunda: saroyga yolgʻiz emas, ishonchli ayonlar bilan birga kirib boriladi. Dahlizga toʻshalmish chiroyli ensiz gilamni emas, murdalar koʻksi bosib oʻtiladi. Birinchi boʻlib Chuvrindining murdasini bosib oʻtgan Kesakpolvon hushini taxt jilvasi oʻgʻirlagan edi. Bu jilva fohishaning ishvasi kabi aldamchi ekani, olam yaralganidan beri taxt hech kimga vafo qilmaganini fahm etmoqqa u qodir emasdi.

U biroz oʻylangach, rejasi xom tuyulib, undan voz kechdi. Halimjon xoin boʻlsa ham Asadbek qoʻnjida tura turgani ma’qul, deb fikr qildi. Undan tashqari «quturgan it oldidagi suyakni tortib olishga urinish xavfli» degan toʻxtam oʻziga ma’qul keldi.

Hali bir oʻrin sovumay turib, ikkinchi toʻshakni yetim qoldirmoqni qasd qilgan Kesakpolvon bu yerga nima uchun kelganini ham unutgan edi. Koʻzi fotihaga kelayotganlar tomonga qadalgan boʻlsa-da, xayoli Xumkallaning kallasini olish muammosi bilan band edi. Birovni beayov urib rohatlanuvchi Kesakpolvon koʻp yillardan beri oʻzi odam oʻldirmasdi. Bu «qora ish»ni mulozimlari risoladagiday bajarar edilar. Masalaning mushkul tomoni shundaki, ular begonalarning yoki raqiblarning jonlarini rohatlanib sugʻurar edilar. Oʻz sheriklarining yuragini ham shundayin rohat ila sugʻura oladilarmi yo yoʻqmi — Kesakpolvon uchun aynan shunisi qorongʻu edi.

Fotiha oʻqib chiqayotganlar orasida Qozini koʻrgan Kesakpolvon mashinasi eshigini qiya ochdi. Toʻdadan ajrab mashina sari yura boshlagan Qozi qadamini ildamlatdi. Eshikdan bosh suqib salom bergach, xojasining «oʻtir!» degan amriga itoat etdi — chaqqonlik bilan mashinaning orqa tomonidan aylanib oʻtib, Kesakpolvonning yoniga oʻtirdi.

«Yoʻqol!» deb haydalganidan koʻngli gʻashlangan, mashina tomon damba-dam qarab qoʻyayotgan Xumkalla bu manzarani koʻrib joyida picha qotdi, kiprik qoqmagan holda mashina tomon tikildi. Bezovta koʻngli uni aldamayotgan edi. Chindan ham bu onda uning taqdiri hal etilayotgandi.

Kesakpolvon mulozimidan hol-ahvol soʻrash oʻrniga piyolaga konyak quyib uzatdi:
— Ma, isinib ol.

Qozi sovqotmagan boʻlsa ham, xojasining bu marhamatidan mamnun boʻlgan holda piyolani bir koʻtarishda boʻshatdi-da, labini yalab qoʻyib, egasiga termulgan it kabi qarab turdi.
— Xumkallani koʻrdingmi? — deb soʻradi Kesakpolvon.

Qozi bu tagdor savol zamirida qanday ma’no yashiringanini anglamay «Ha»deb qoʻydi.
— Shu bola menga yoqmayapti, — dedi Kesakpolvon.— Odam desang odamga oʻxshamaydi, maymun desang maymunga oʻxshamaydi. Bu xumday kallani koʻtarib yuraverishdan gavdasi ezilib ketdi. Gavdasiga rahm qilsakmikin?

Xojasining maqsadini uqqan Qozi javobni hayallatmadi:
— Savob boʻlardi.
— Savobning dodaxoʻjasi degin! Xumkalla akaxoniga ja-a sadoqatli edi-a? Ja-a kuyib, ezilib ketdi-ku, boyaqish. Shu bugundan kechikmay borsin yoniga, akaxoni zerikib qolmasin.
— Mashina urib ketsinmi yo poezd-moezd bosib olsinmi?
— Izi qolmasin. Lekin mozorga tiqma, xitlar aylanib yurishibdi.
— Gap yoʻq, yoʻlini qilaman.

Qozi shunday deyishi bilan Kesakpolvon uni yoqasidan oldi:
— Isi chiqmasin, buni faqat senu men bilaman. Agar sal nari-beri boʻlsa orqasidan oʻzing ham joʻnaysan, — Kesakpolvon shunday deb uni bir-ikki silkidi, soʻng yoqasini boʻshatmagan holda, ammo muloyimroq ohangda qoʻshib qoʻydi: — Choyxonani oʻzing ishongan bolaga topshir. Endi mening yonimda sen yurasan.

Qozi mansab pillapoyasidan koʻtarilib, noiblik darajasiga yetgani, bu martabaning bahosi Xumkallaning joni ekanini angladi-yu, xojasiga qulluq qildi.

II bob

1

Bu dunyoda iblis yetovida yuruvchi odamlar bor ekan, prokuratura tergovchisi ishsiz qolmaydi. Bir uchi Asadbekka borib taqaladigan chigal ishlarni yechish mashaqqatidan rasman ozod etilgan, ammo norasmiy ravishda kuzatuvlarini davom ettirayotgan Zohid Sharipov yaqin orada prokuraturadagi xonasini tark etajagini hali bilmas edi.

Borliqni shom qorongʻuligi yutib, idoradagi rasmiy ish vaqti tugagan onda Zohidni prokuror yoʻqladi. Bu yerdagi ish vaqtiga «rasmiy» deb nisbat berishimiz bejiz emas. Chunki bu idoradagi ish hajmini ham, ish vaqtini ham belgilab boʻlmaydi. Ba’zan tunlar tong-larga ulanishini, ba’zan bir necha kunlab uyga borib kelishga ham imkon boʻlmasligini hamma ham bilavermaydi. Idorada ishlovchilar esa «ish vaqti tugadimi?» deb soatlariga qaramaydilar.

Zohid bu sohaning mashaqqatlariga militsiyada ishlab yurgan kezlariyoq odatlanib ketgan. Shu bois boshliqning kechki yoʻqlovidan ajablanmadi. Shahar prokurori ham sohada boshlangan yangiliklar, oʻzgarishlarning natijasi oʻlaroq bu idoraga qoʻyilgan edi. Ozodalik bilan tartibni xush koʻruvchi prokuror haqida Zohid yomon gap eshitmagan edi. Zohidni faqat bir narsa ajablantirardi: tartibni xushlovchi prokuror idorasidagi ayrim xodimlarning gʻirrom oʻyin yuritishlaridan xabardormikin? Zohid prokuror bilan asosan majlislarda koʻrishardi, yuzma-yuz holda gaplashish sharafiga hali muyassar boʻlmagan edi.

Zohid xonaga kirganida prokuror nimanidir oʻqib oʻtirardi. U bosh koʻtarib «keling, oʻtiring», deb qoʻydi-da, oʻqishni davom ettirdi. Zohid salomining javobsiz qolganidan, bunday sovuq tarzdagi muomaladan bir oz ogʻrindi. Prokuror qoʻlidagi «Ish»ni oxirigacha oʻqib tugatmaguniga qadar boshini koʻtarmadi. Oʻn besh daqiqa shu zaylda, sovuq sukut hukmida oʻtdi. Prokuror soʻnggi sahifani oʻqib boʻlgach, «Ish»ni yopdi-da, sovub qolgan qahvadan bir hoʻpladi. Keyin Zohidni ajablantirgan holda oʻrnidan turib u bilan koʻrishdi. Soʻng hozirgina oʻqib tugatgan «Ish»ni Zohidga uzatdi:
— Bu ishni oʻzimiz yuritmasak boʻlmaydi. Militsiya achchiq ichakdek choʻzib yubordi. Ishni choʻzgan ularu gapni men eshitaman. Diqqat bilan oʻqib chiqing. «Ish» nihoyatda chigal. Gumondagi ikki kishi sakkiz oydan beri oʻtiribdi. «Ugro»da ishlaganingiz uchun bu «Ish»ni sizga ishonyapman. Tezlating, ammo... shoshilmang. Tushundingiz-a? Bu «Ish»ga tegishli hamma masalani faqat men bilan birga yechasiz.

Prokuror shunday degach, yana oʻrnidan turdi-da, ham muvaffaqiyat tilash, ham xayrlashish maqsadida qoʻl uzatdi.

Zohid xonasiga qaytib, «Ish»ni varaqladi. Sakkiz oy muqaddam yoʻqolgan beton zavodi direktorining murdasi Boʻzsuv toʻgʻonidan topilganini eshitgan edi. Beton zavodi direktori Mavlon Shokarimov vino zavodi boshqoni Qilich Sulaymonov kabi shaharga dong taratgan boʻlmasa-da, bekorga oʻldirilmagani aniq edi. Shokarimov biron kishining shaxsiy gʻarazi qurboni boʻlgani yo tasodif bilan oʻlganmi yoki biron toʻdaning gʻashiga tegib qoʻyganmi? Toʻdaning... Qaysi toʻdaning? Dastlabki savollar girdobi Zohidni oʻziga torta boshladi. «Qotil» deb emas, «Qotillikka dahldor», deb qamoqqa olinganlardan biri Shokarimovning haydovchisi Eshpoʻlatov, ikkinchisi esa oʻynashi Zaripova edi. Shokarimovning uyi shahardan yigirma besh chaqirim narida ekan. Shaharning kunbotar tomonidagi yangi uyda oʻynashi yashagan. Eshpoʻlatov xoʻjayinini oxirgi marta shu uyga olib borgan. Avvallari yarim kechagacha boʻlsa ham shu yerda kutgan ekan. Oxirgi safar Shokarimov unga «Sen ketaver, ertalab shu yerga kelasan», degan. Eshpoʻlatov aytilgan vaqtda kelgan, bir soat kutgan. Soʻng yuqoriga koʻtarilib, eshik qoʻngʻirogʻini bosgan. Zaripova eshikni darrov ochmagan. «Akang kecha kelmaganlar» deganu eshikni yopgan. Eshpoʻlatov ichkarida bir erkakni koʻrgan. Hayron boʻlib zavodga borgan. Xoʻjayin yoʻq. Uyga borgan — xoʻjayin yoʻq. Kechgacha zavodda kutgan. Keyin uyiga borib xabar bergan. Zaripova avvaliga «hech qanaqa Shokarimovni tanimayman», deb oʻynashidan tongan. Keyin «ba’zi-ba’zida kelib turardilar, ammo oramizda hech gap boʻlmagan, oʻsha kuni kelmaganlar», degan. Ertalab uyida erkak borligini ham rad etgan. Tergovchi ham bu dalilga nechundir e’tiborsiz qaragan.

«Demak, mashinadan tushgan, yoʻlakka kirgan, uyga esa chiqmagan. Yoʻlakda birov kutib turganmi, yoʻlakda oʻldirganmi?» Zohid sakkiz oy mobaynida yechilmagan masalaga bir onda oydinlik kirita olmas edi. Uni chulgʻayotgan savollar militsiya xodimlarini ham gangitgan, masalaning turli yechimlarini izlab koʻrishgan, ammo boshi berk koʻchada tentirashdan oʻzga chorani topa olishmagan edi.

Xufton qorongʻuligi hukmi ostidagi sovuq shamol deraza tirqishlaridan bemanzirat kirib turgan damda Zohid «Ish»ni uchinchi marta oʻqib oʻtirgan edi. Shahar militsiyasi tergovchisining aybi yoki loqaydligi tufayli yoʻl qoʻyilgan xatoni aniqlay olmadi. Zohid «Ish»ni olib borgan tergovchini tanir edi. Mayor Soliev bilan koʻp yillardan beri hamkorlikda xizmat qiluvchi bu tajribali tergovchi uddasidan chiqolmagan ishni Zohid eplay olarmikin?

Uyga qaytayotgan Zohidni shu savol ham oʻylantirdi. Tongda idorasiga oʻtmay, ishni shu tergovchi bilan gaplashishdan boshlashga qaror qildi.

Shahar ichki ishlar boshqarmasida qandaydir besaranjomlik mavjudligini Zohid navbatchi xonasiga kirganidayoq sezdi.

Zohid avvaliga mayor Solievni soʻradi. Navbatchi qisqagina qilib «yoʻqlar» dedi-yu, «boshqa narsa soʻramang», deganday yuzini burdi. Zohidga kerak boʻlgan mayor Ilyosov ham yoʻq edi. Ichkariga oʻtmoqchi boʻlgan Zohidni navbatchi toʻxtatib «aka, kirganingizning foydasi yoʻq, hozir hamma temir yoʻl bekatida», — dedi.

«Nimaga?» deb soʻrashning hojati yoʻq edi. Hamma bekatdami, demak, favqulodda xodisa roʻy bergan. Aytish mumkin boʻlmagan sirni aytib qoʻygan navbatchi endi Zohidga choʻchinqirab qarab turardi. Uning ahvolini sezgan Zohid «Xavotir olma, men hech nimani eshitmadim», dedi-yu, iziga qaytdi.

U dastlab ishxonasiga bormoqchi edi. Lekin qandaydir kuch uni bekat sari undayverdi. U gʻayritabiiy bu kuchga boʻysunib, yoʻlovchi mashinaga qoʻl koʻtardi.

Bekatning asosiy binosi oʻrab olingan, tamoshatalab odamlarning yaqinlashishiga yoʻl berishmayotgan edi. Zohid birinchi halqadagi soqchi yigitlarga oʻzini tanitib oʻtdi-yu, ikkinchisida toʻxtatildi. Guvohnomasini koʻrsatib, «aka, kattalaringiz ichkarida, sizning kirishingizga hojat yoʻq», degan javobni oldi. Nima qilarini bilmay, atrofiga alangladi-yu, yer osti yoʻlagiga olib tushuvchi zinapoya yaqinida turgan mayor Ilyosovni koʻrib, oʻsha tomon yurdi.

2

Shokarimov oʻlimiga doir «Ish»ni Zohid ikkinchi marta oʻqiyotganida mayor Soliev uyga ketishga otlanayotgan edi. Shoh bekatdan uzatilgan xavotirli xabar temir javonga qoʻyilgan qurolni qayta qoʻlga olishga majbur etdi. Ufadagi qamoqxonadan «Qassob» laqabli jinoyatchi qochganini ular eshitishgan, ammo tez orada bu yerda paydo boʻlib qolishini kutishmagan edi. Qamalmasidan ilgari «Qassob» qaysi shaharlarda yashagan, «ov» qilgan boʻlsa, oʻsha yerlarda pistirmalar qoʻyilib, poylanayotgan edi. Biz «jinoyatchi» deb atovchi odamlarning ayrimlarida boʻrining sezgirligi boʻladi. Tuzoq qaerga qoʻyilganini oldindan fahmlaydi-yu, pistirmadagilarni dogʻda qoldiradi. «Qassob» shu toifadan edi. Adashib kirib qolgan pashsha ham iziga yoʻl topa olmay qoladigan qamoqxonadan qochib qutilishga aqli yetgan odamning pistirmalar qoʻyilganini anglamasligi mumkin ham emasdi. U oʻzi boʻlgan shaharlarni aylanib oʻtdi-yu, asr chogʻida shu bekatda poezddan tushdi. «Qassob» pistirmalarni aylanib oʻtdi-yu, ammo taqdir yozugʻini chalkashtira olmadi. Oʻn yetti juvonning goʻshtini yeb, otuvga hukm etilgan, jazodan qutuldim, deb erkin nafas olayotgan «Qassob» suratlari bu yerlarga ham yetib kelganini fahmlasa-da, «koʻpchilik orasida birov meni tanimaydi», deb oʻylardi. Xizmatga yaqindagina kirgan militsioner yigit rasmini ikki soatgina burun qoʻlida ushlab turganini, «rostdanam oʻn yetti xotinning goʻshtini yeganmikin?» deb oʻylanganini esa bilmas edi. Milisa yigit ham suratdagi odamxoʻrga ikki soatdan soʻng bekatda roʻpara kelarman, deb oʻylamagandi.

«Qassob»ning olazarak koʻzlari dastlab xatardan ogoh etuvchi hech qanday harakatni ilgʻamadi. Shunday boʻlsa-da, bekat binosini tark etib koʻchaga chiqishga shoshilmadi. Yukxonaga tushib sumkasini qoʻydi. Soʻng hojati boʻlmasa-da, chiptaxonadagi turnaqator navbatda turdi. Uning fikricha, pistirma qoʻyilgan boʻlsa, koʻchada, odam siyrakroq yerda qoʻlga olishga urinishadi. Odam koʻp yerda otishma boʻlishidan qoʻrqishadi. «Qassob» shu sababli ham tashqariga chiqishga shoshilmadi. Uning yoʻl qoʻygan xatosi ham aynan shunda edi: shoshqich chaqiruvga binoan yordamchi kuchlarning yetib kelishiga oʻzi sharoit yaratib berdi. Xatosini tushunganda esa kechikkan edi. Chiptaxonadan chiqib oʻzini gavjumroq toʻdaga urganda ikki kuragi oʻrtasiga toʻpponcha tiralib, «Qimirlama, qoʻlingni koʻtar!» degan buyruq yangradi. U amrga itoat etdi: qoʻllarini koʻtardi-yu, boshini burib orqasiga qaradi. Ikkinchi qavatda turib «Qassob»ning harakatlarini kuzatayotgan mayor Soliev shoshqaloq yigitning oʻzboshimchaligidan gʻazablandi. «Qassob»ning orqasiga oʻgirilib qarashi esa zulm vulqoni otilajagidan uni ogoh etdi. U beixtiyor ravishda toʻpponchasini yalangʻochlab yugurdi. «Qassob»ni oʻzim koʻrdim, oʻzim ushlayman», degan niyati amalga oshay deb turgan yigit yuqoriga koʻtarilgan qoʻllardan birining qanday qilib aylaganicha gardaniga urilganini sezmay ham qoldi. Toʻpponcha ushlashga koʻnikmagan titroq barmoqlari tepkini bosishga ham ulgurmadi. «Qassob» esa toʻpponchani uning qoʻlidan tortib olishga ham, tepkini bosishga ham ulgurdi. Shu onning oʻzida qochmoqqa shaylangan bolalik ayolning sochlariga chang solib toʻxtatdi-da, toʻpponchani chakkasiga tirab:
— Qayt, qaytlaring! Bir qadam bossalaring otaman! — deb tahdid qildi.

Ham qoʻrquv, ham sochlari qattiq tortilganidan uygʻongan ogʻriq sabab boʻlib, ayol bagʻriga bosgan bolasini tushirib yubordi. Bir yoshdan endigina oshgan goʻdak oq marmar ustiga tushib chirillab yigʻladi. Peshonasida qon koʻrindi. Ayol talvasaga tushib tipirchilay boshlaganida «Qassob» uning boshiga toʻpponcha dastasi bilan qattiq urdi-da, ikkinchi qoʻlini uning boʻynidan aylantirib boʻgʻib oldi. Ayolning xushsiz gavdasi osilib qoldi. Talvasaga tushgan odamlar oʻzlarini turli tomonga urib panoh izladilar. Shu topda hammaning joni oʻziga shirin edi. «Birovni turtib yuborarman, birov yiqilib mayib boʻlar», degan oʻy hech kimning xayoliga kelmas edi. Peshonasidan qon oqayotgan goʻdakning chirillashi ham birovning qulogʻiga kirmasdi.

Hamma oʻlimdan qochardi. Bugun boʻlmasa qachondir oʻlim sharobini totishlarini bilsalar ham qochardilar.

Bu onda «Qassob»ga boshqalarga nisbatan Soliev yaqin kelib qolgan edi.
— Ayolni qoʻyib yubor! — deb baqirdi u toʻpponcha oʻqtalganicha.
— Qayt! Toʻpponchani tashla, boʻlmasa otaman! — deb baqirdi «Qassob».

Mayor Soliev bir nafas ikkilandi, soʻng yumshoqroq tarzda gapirdi:
— Yaxshi, tashlayman, ayolni qoʻyib yubor. Bolaga qarasang-chi!
— Bolasiga oʻzing qarayver. Qurolingni tashlamasang ikkalasi ham oʻladi.
— Yaxshi, — Soliev shunday deb toʻpponchasini qoʻltigʻi ostidagi gʻilofga solmoqchi boʻldi.
— Yerga qoʻy, — deb buyurdi Toʻngʻiz. — Sherikla-ringga ayt, toʻpponchalarini joyiga solib, chetga chiqishsin. Bilib qoʻylaring, senlarning oʻqing jonimni olgunicha tepkini bosishga ulguraman.

Soliev toʻpponchani yerga qoʻydi-da, atrofga qarab oldi. Bu qarashdagi ma’noni anglagan yigitlar toʻpponchalarini gʻilofga soldilar.
— Agar bu tovuqqa rahming kelayotgan boʻlsa, mayli uni qoʻyib yuboraman, ammo oʻrniga oʻzing kelasan. Rozimisan?
— Yoʻq, bormang, — dedi yigitlardan biri.

Soliev bir qoʻlini koʻtarib «jim» degan ishora qildi.
— Foydasi yoʻq bu qilgan ishingning. Hamma yoq oʻrab olingan. Baribir qocholmaysan.
— Sen menga aql oʻrgatma. Beshgacha sanayman. Menga baribir, men oʻlimga hukm qilingan odamman. Bir... ikki...

«Qassob» quruq tahdid qilmayotgan edi. Oʻlimidan oldin ham ikki jonni bahridan oʻta olishga qodir edi. Soliev qonga belanib yotgan militsioner yigitga qarab oldi, nazarida u hali tirik edi. Peshonasidan qon oqayotgan goʻdak ham najot tilaganicha unga qarab yigʻlayotganday boʻldi. «Qassob» esa sanardi: toʻrt... Yana bir soniyadan soʻng bu boshi buzuqning tepkini bosib yuborishidan hech nima qaytarolmasligi mumkin.
— Roziman, qoʻyib yubor uni, — dedi Soliev oldingga bir qadam bosib.
— Toʻxta, sen avval ikkita kishan ol, — deb buyurdi «Qassob».
— Ikkita kishanni nima qilasan?
— Ishing boʻlmasin, aytganimni qil!

Soliev choʻntagidan bir kishan chiqarib, orqasiga qaradi. Yigitlardan biri unga ikkinchi kishanni uzatgach, «Qassob» tomon yurdi. Toʻrt qadam qolganda «Qassob»:
— Toʻxta! — deb buyurdi. — Qoʻllaringni kishanla!

Buyruq ado etilgach, Soliev yana ikki qadam bosdi.
— Endi oʻng bilagingga kishanning bir halqasini sol, — deb buyurdi «Qassob». Bu buyruq ham soʻzsiz bajarildi.
— Orqangga oʻgirilib, ikki qadam tisaril.

Solievga «Qassob»ning maqsadi ayon boʻlgan edi. Uning xayoli hozir «Qassob»ni ushlashda emas, azoblanayotgan goʻdakning hushsiz onasi bilan qonga belangan yigitni qutqarishda edi. Shu bois buyruqlarga soʻzsiz itoat etayotgan edi. Uning maqsadini anglamayotgan yigitlar esa otishga shay turishardi. Soliev orqasiga oʻgirilgan damda ularga bir qarab olib «zinhor ota koʻrmanglar» deb nigohi bilan ishora qildi.
— Toʻxta! — Solievning gardaniga «Qassob»ning sassiq nafasi urildi.

Uch soniyaning oʻzida kishanning bir halqasi «Qassob»ning chap bilagiga ilindi, ayol qoʻyib yuborildi. Shunda Soliev chakkasiga toʻpponcha tiralishini kutgan edi. Ammo kutgani sodir boʻlmadi. Shu nuqtaga tikilib turgan oʻnlab koʻzlar uchun hech bir kutilmaganda toʻpponcha qoʻyin choʻntakka solindi, oʻrniga esa panjalari «limonchik» deb erkalab ataluvchi, oʻsmirning mushtumidek keladigan bujir bombani oldi. «Qassob» bombani ehtiyot halqachasini tishlari bilan uzib tashladi-da, uni Solievning koʻkragiga bosdi:
— Qani endi otlaring, xunasalar! Ha, otmaysanlarmi! — dedi u hansirab.
— Baqirma, nega oʻkirasan? — dedi Soliev xotirjam ohangda. Bu xotirjamlik, talvasadan yiroqlik «Qassob»ni bir oz ajablantirdi. Solievning ahvolidagi boshqa odam qoʻrqmagan taqdirda ham asabiylashmogʻi lozim edi.

Dastlabki oʻljasi — hushsiz ayol va yigit murdasidan oʻn qadamlar uzoqlashgach, Soliev:
— Ayol bilan bolaga qarashsin, — dedi.
— Qarashsin, — dedi «Qassob» marhamatli janob ovozida. Soʻng amr etdi: — Xoʻjayiningni chaqir, talabim bor.
— Xayrullinni chaqiringlar, — dedi Soliev baland ovozda.

Yigitlar orasidan kalta charm palto kiygan odam ajralib chiqdi.
— Sen kimsan? — deb soʻradi «Qassob» undan.
— Ugro boshligʻiman, — dedi Xayrullin deganlari.
— Men senga xoʻjayinni chaqir, dedim! — «Qassob» shunday deb tizzasi bilan Solievning orqasiga tep-di. — Buningni men etigimga patak ham qilmayman.
— Bu yerda undan kattasi yoʻq. Sen aytaver, u kattamizga yetkazadi.
— Kattangga borib ayt: menga bitta samolyot bilan bir million pul kerak.

Xayrullin Soliev bilan koʻz urishtirib oldi-da, «xoʻp» deganicha orqasiga chekindi.
— Bir soatda hal boʻlmasa, sheriging oʻladi! — deb baqirdi «Qassob».
— «Oʻlamiz» degin. Endi yolgʻiz oʻlish yoʻq.
— Toʻgʻri aytasan, yo birga yashaymiz yo birga oʻlamiz. Sen sheriklaringdan umid qilma. Ularing oliftagarchilik qilib toʻpponcha oʻqtalganlari bilan otisholmaydi.
— Nega otisholmas ekan?
— Otishga-ku, otishadi, lekin tegiza olishmaydi. Men qanaqa mashq qilishlaringni bilmas ekanmanmi? Uch oyda uchtagina oʻq otasanlarmi? Uchta oʻq otib mergan boʻlgan bormi dunyoda? Agar gapimga ishonmasang, garov oʻynayman: hozir seni qoʻyib yuboramanu toʻpponchani chiqarib otishni boshlayman. Ana oʻshanda koʻrasan tomoshani: bu tomondagi sheriklaring roʻparadagilarini otib qoʻyishadi. Kamida besh-oltitang joʻnaysan ashulalaringni ayt-ib.
— Boshqacha yoʻli ham bor, — dedi Soliev. — Sen meni qoʻyib yuborasan, yigirma qadamdan gugurt choʻpini qoʻyib otishamiz.

«Qassob» tizzasi bilan yana tepdi:
— Yo sen jinnisan yo men ahmoqman.
— Ikkinchisi toʻgʻri. Ahmoq boʻlmasang, samolyot soʻraysanmi, pul soʻraysanmi? Qayoqqa uchib borasan?
— Nima ishing bor, balki Isroilga ucharman?
— Isroilga uchasanmi yo boshqa yoqqami, yerga qoʻnishing bilan ushlashadi-yu, «Petrovka»dagi akalaringga ikki qoʻllab topshirishadi. Sen siyosatchi emassan, senga shafqat qilishmaydi.
— Oʻchir ovozingni!

Haq gap hech kimga, hatto odamxoʻrga ham yoqmaydi. Soliev toʻgʻri gap uchun uchinchi marta orqadan tepki yedi.

Qamoqdan qochgan jinoyatchini ushlash — militsiyaning oddiy vazifalaridan biri. «Tezkor guruh» deb atalgan yigitlar «oddiy vazifa»ning bunaqa yakun tomon burilishini sira kutishmagandi. Bular-ku, yosh yigitlar, hatto Soliev ham koʻp yillik tajribasida bunday holga duch kelmagan edi. Bir militsionerning oʻldirilishi, zobitning garovda ushlab turilishi, jinoyatchining bomba bilan tahdid qilishi bir necha daqiqa ichida katta-kichik idoralarga ma’lum boʻldi. Avval oʻrinbosarlar kelishib «Qassob» bilan muzokara yuritmoqchi boʻlishdi. Soʻng vaziyatning naqadar jiddiyligi inobatga olinib, kattalarga xabar berildi. Kattalarning ham samolyot bilan pul va’da qilmoqdan oʻzga choralari yoʻq edi. «Qassob» avvaliga yana bir soat kutishga koʻndi. Soʻng qor yogʻayotgani, samolyot uchmayotgani tufayli yana kutadigan boʻldi. Pulni esa betoʻxtov keltirilishini talab qildi.

Bu oʻlim halqasidan qutilib ketishiga «Qassob»ning ishonchi yoʻq edi. Samolyotlarda qochayotganlarning qismati, Soliev eslatmasa-da, unga ma’lum. Qamoqdan qochayotganida chet eldan panoh topish niyati ham, rejasi ham yoʻq edi. «Endi tavbamga tayandim, burnimga suv kirdi, koʻzdan yiroqroq biron ovloqda tinchgina yashayman», degan maqsaddan ham yiroq edi. Toshlardan toshlarga urilib oquvchi bebosh irmoq suvi kabi qismatni a’lo deb bilgan «Qassob» yana qassobchiligini davom ettirmoqdan boshqa narsani oʻylamasdi. Agar militsioner yigitga duch kelib qolmaganida bir necha kundan soʻng qaysi bir laqma juvon goʻshtidan oʻzi tukkan chuchvarani yeb rohatlanib oʻtirgan boʻlardi.

Endi esa qoʻlidagi bombani changallaganicha najot kutardi. Najot qaydan keladi — oʻzi bilmaydi. Najot bilan birgalikda qaysi bir tuynukdan oʻq otilib chiqib qanshariga sanchilishini ham kutadi. Talab qilgan samolyot bilan million pul oʻrniga mergan otgan oʻq hadya etilmogʻi mumkinligining haqiqatga yaqinroq ekanini ham koʻngli sezadi. «Bu faraon samolyot bilan million pulga arzirmikin oʻzi? Arzimasa nimani kutishyapti? Shartta otib tashlasha qolishmaydimi? — deb oʻylagan «Qassob» mergan yashirinishi mumkin boʻlgan tomonlarga javdirab qaraydi. Jon olishni xush koʻruvchi odam jon berishni istamaydi. Najot kutayotgan bu odam oʻzi uchun eng yaxshi, eng maqbul najot ana shu mergan otgan oʻq ekanini tan olgisi kelmaydi. Qoʻlidagi bomba emas, goʻyo oʻzining yuragiga oʻxshaydi. Panjasini ochsa tamom — yurakdagi jon chiqadi-yu, uchadi-ketadi. Uchib borib qoʻnar manzili ham aniq — azoblar otashi. Zulmdan rohatlanuvchi jon uchun oʻzgacharoq manzil yoʻq.

Ne ajabki, mayor Solievga ham bu bomba ayni damda yurakka oʻxshab koʻrinib ketdi. Bomba ixtirochilarining qaltis yoki shum hazilimikin bu? Hozir necha juft koʻz yurakka oʻxshovchi bu bombaga tikilib turibdi. Balki koʻzga koʻrinmas Azroilning koʻzlari ham shunga qadalgandir? Vaqt-soati yetganida uning amri bilan panjalar ochilar, bomba portlar... Balki portlamas... Balki Azroilga bitta jon kerakdir? Balki kimdir tirik qolar?..

«Hozir pul olib kelinadi» degan va’dadan soʻng jimlik hukmronligi boshlangan edi. Kutilmaganda zinapoya panjarasiga suyanib turgan yigitlar ovozlarini koʻtarib bahslashib qolishdi:
— Otish kerak,— dedi biri,— bitta oʻq bilan oʻldirilsa panjasini ochishga ulgurmasligi ham mumkin.
— Bu ishonchsiz, — dedi ikkinchisi, — oʻq otilishi bilan bomba ushlangan panjaga mahkam yopishishi kerak.

Soliev ularning maqsadini, nima demoqchi boʻlishganini angladi. «Qassob» oʻzbekchani tushunmasa ham koʻngli bir shumlikni sezib:
— Jim boʻllaring! — deb baqirdi.

Soliev esa asta bosh chayqab, sheriklariga «otmang-lar» degan ishora qildi.
— Sheriklaring nima deyishdi? — deb soʻradi «Qassob».

Soliev «Qassob»ni hayron qoldirib toʻgʻrisini ayta qoldi:
— Seni otish kerakmi yo yoʻqmi, deb tortishishyapti. Xoʻjayinlarning senga yon bosayotganlaridan norozi boʻlishyapti.

Soliev shunday deyishga dedi-yu, «Qassob»ning vujudida tutayotgan gumonga moy sepib, yondirib qoʻyganini anglab, tilini tishladi.

Samolyot bilan pulning unishiga oʻzi ham uncha ishonmayotgan «Qassob» atrofdagilarning gʻimirlab boshqa chora izlashayotganiga amin boʻldi.

Oqu qoraga, pastu balandga boʻlingan bu dunyoning ishlari qiziq. Qochgan ham Xudo derkan, quvgan ham. Qoraning bagʻrida oqqa qarshi fitna yasaladi, oqning bagʻrida qorani mahv etmoq rejasi pishadi. Atrofdagilar bombani changallab turganning hayoti yakunini tezlashtirishni qanchalar xohlashsa, bunisi umrining yanada uzayishini shunchalar istaydi. Har ikki tomonning oʻz haqiqati, oʻz adolati bor. Atrofdagilarning haqiqati shuki, sudning hukmi toʻxtovsiz amalga oshirilishi shart. Oʻzga chora boʻlmogʻi mumkin emas.

Ufada uning boʻyniga toʻqqizta xotinning joni ilinganida u yana sakkiztasining nomini, oʻldirilgan joyini aytib berdi. Bu sakkiztasining qotili sifatida sakkizta odam allaqachon hukm qilib yuborilgan edi. Ufada bu sakkiztani «Ish»ga tirkashni avvaliga xohlashmadi. Yopigʻliq qozonning yopigʻliq qolmogʻini ma’qul koʻrishdi. «Qargʻa qargʻaning koʻzini choʻqimaydi» deganlaridek, Ufadagilar sakkizta shahardagi hamkasblarining sharmanda boʻlishlarini istashmadi. Sakkizta beayb odamning azoblanishi ularni mutlaqo qiziqtirmadi. «Qassob» esa ularning taqdirini oʻyladi, demoq toʻgʻri emas. «Yana sakkiztasining goʻshtini yeganman», deb oʻjarlik qilib turishiga boshqa sabab bor edi. Toʻqqiztaga ham, oʻn yettitaga ham bir xil jazo boʻlganidan keyin sal shov-shuv bilan, oʻzining qarichi bilan oʻlchaganda «mardlik» bilan ketishni ma’qul koʻrdi.

«Qassob»ning oʻn yetti ayol goʻshtidan chuchvara tugib yegani haqiqat edi. Ammo oʻldirilganlar soni oʻn yetti emas, oʻn sakkizta edi. Birinchi ayolni oʻldirib, goʻshtini yemagan edi. Chunki uning birinchi oʻljasi — oʻzini tuqqan onasi edi.

U yashaydigan uy Sochi deb atalmish goʻzal shaharning dengiz qirgʻogʻiga yaqin goʻshasiga joylashgan edi. Goʻzal shahardagi bolaning hayoti goʻzal boʻlavermas ekan. Ba’zan yarim tunga qadar, ba’zan tongga qadar koʻchalarda sanqib yurishga majbur boʻlardi. Koʻchada qancha yurishi bir xonadan iborat uylaridagi maishatning qancha davom etishiga bogʻliq edi. Goʻdaklik chogʻlarida hali esi kirmagan paytlarda «otam kim, otam qani?» deb koʻp soʻragan. Oqu qorani ajrata boshlagach esa «otamning kimligini oʻzi ham bilmaydi» degan toʻxtamga kelib, bu savollarini bas qildi. Qoʻshni sinfda oʻqiydigan oltinsoch qiz uning oʻsmirlik yuragida muhabbat deb atalmish tuygʻuni uygʻotganida hali onasiga nisbatan nafrati toʻlib toshmagandi. Maktabni bitirish kechasi yurak yutib muhabbat izhor etganida oltinsoch malak labini burib «meni onangga sherik qilib olasanmi?» degach, aqlini tamom yoʻqotdi. U damlarda maktabni bitiruvchilar «Sochining sururli tongi» deb nomlangan bayramni nishonlashardi. Boʻlgʻusi «Qassob» bayramni rad etilgan muhabbatiga motam tutgan holda shampan vinosi ichish bilan boshlab, «sururli» tongni qonli barmoqlariga tikilgan holda militsiya xonasida qarshiladi. Yoʻq, u kuni onasini oʻldirmadi. Onasi bagʻridagi erkakka pichoq urdi xalos. Onasini qamoqdan qaytgach oʻldirdi. U hukmni qamoqdaligida qabul qilgan edi: «bolaligimni oʻgʻirlagani uchun...» Hukm ayovsiz edi. Jinoyatga oid qonunlarda bemehr onalarga bunday jazo qoʻllanilmaydi. Nari borsa «onalik huquqidan» mahrum etiladi. Agar ona goʻdagini jismonan mahv etsa, shubhasiz, qamaladi. Ammo oʻzi dunyoga keltirgan bolasining bolaligini oʻgʻirlasa, bolaligini boʻgʻib oʻldirsa — unga jazo yoʻq. Shu bois onasiga jazoni «Qassob»ning oʻzi oʻylab topdi, oʻzi hukm qildi, oʻzi ijro etdi.

Bu hukm va ijro hech bir soʻroq qogʻozlarida qayd etilmagan. Umri fohishalik bilan oʻtgan ayol jasadining mayda-mayda boʻlaklari huzurini shahar ahlatxonasidagi itlar koʻrishdi. Shubhasizki, bu itlardan hech kim «Sen bugun kimning goʻshtini yeding?» deb soʻramaydi...

Onasiga doir voqealar, oʻsmirlikning sururli damlari uning uchun olis oʻtmish boʻlsa-da, unutilgan xotiralar emasdi. Uning pokizaroq koʻngil mulki shugina edi va undan birovning bahramand boʻlishiga yoʻl qoʻyilmasdi. Ufadagi tergovchiga, sud raisiga bu koʻngil mulki eshiklarini ochgan taqdirda ham, birinchi qadamga undagan, majbur etgan ruhiy holat baribir inobatga olinmas edi. «Oʻzi yaxshi bola ekan, muhit majburlabdi», degan fikr yoki toʻxtam uning jonini saqlab qololmasdi.

Hozirgi chorasi ham choʻkayotgan odamning xasga tirmashishi kabi ekanini fahmlasa-da, chiqmagan jondan umidi bor edi.
— Menga qara, faraon, — dedi «Qassob» Solievning orqasiga yengil turtib. — Sheriklaring seni sariq chaqaga ham olmas ekan. Oʻlishing tayin boʻlib qoldi.
— Oʻlishimiz, degin.
— Ha, albatta birga oʻlamiz.
— Xuddi egizaklar kabi, — Soliev shunday deb mahzun tarzda kulimsiradi. «Qassob» bu alamli chehrani koʻrmadi. Shu nuqtaga tikilganicha har qanday tasodifga shay turganlarning ayrimlari ilgʻashdi-yu, ammo uning nima sababdan kulimsiraganini fahmlashma-di.
— Yoʻq, faraon, — dedi «Qassob» yumshoqroq ohang-da. — Egizaklar uch-toʻrt daqiqa farqi bilan tugʻilishadi. Sen bilan men esam bir nafasda oʻlamiz. Men-ku baribir itday otib tashlanadigan odamman. Ha, senlar meni bir hayvon qatorida koʻrsalaring ham odamman. Quturgan itni otib tashlab qanday rohatlansalaring meni ham oʻldirib shunday huzurlanasanlar. Faqat sengina maza qila olmaysan. Toʻgʻrimi, alam qilyaptimi?
— Yoʻq.
— Quloqqa lagʻmon ilma.
— Boʻladigan gapni aytyapman: oʻlimdan qoʻrqmayman. Gap qachon oʻlishda emas, qanday oʻlishda.
— Ha... hali shunaqami? — «Qassob» bir oz oʻyga toldi. Soʻng tizzasi bilan yana tepdi. — Men bilan birga oʻlishdan hazar qilyapsanmi? Taqdiring shu ekan, faraon, chida. Sen menga oʻxshaganlardan nafratlanib yashading. Men esa senga oʻxshaganlardan nafratlanib yashadim. Men qaerda tugʻildimu qanday hayot kechirdim? Men boshqa olam edim, sen boshqa dunyo eding. Qara, taqdir meni shu yerlarga haydab kelib, qoʻllarimizni bogʻladi. Demak, taqdirimiz bir ekan. Senga oʻzingning yoʻling ma’qul edi. Shu yoʻlingni toʻgʻri deb bilding. Menga esa oʻzimning yoʻlim ma’qul edi. Endi nima deysan?
— Nima derdim, qoʻllarni bogʻlab turgan bu kishan sen aytgan taqdir zanjiri emas.

Soliev «Qassob»ning yashagan olami haqida, bu olamning falsafasi haqida uch-toʻrt ogʻiz gap aytmoqchi edi, ammo fikridan qaytib, gapni shu tarzda qisqa qilib qoʻya qoldi. Umr boʻyi balchiq suvidan bahra olgan odamga buloq suvining afzalligini gapirishdan ne naf? Jarga qulayotgan, halokati aniq boʻlgan kimsani «jarga yaqinlashma», deb ogohlantirishdan ne naf?
— Faraon, sen Xudoga ishonasanmi?

Kutilmagan savolga Soliev darrov javob bera olmadi.
— Faraon, oʻlib qoldingmi, javob ber, Xudoga ishonasanmi?
— Ishonaman.
— Ahmoqsan. Men esa ishonmayman. Xudoga ishonsang ayt-chi, nima uchun meni bunaqa qilib qoʻydi?
— Xudoga ishonmaganing uchun.
— Laqillama, faraon, ishongan sen ham, ishonmagan men ham bir xilda oʻlyapmiz-ku?
— Men hali oʻlayotganim yoʻq.
— Oʻlyapsan... oʻlib boʻlding, faraon. Faqat oʻlimingni rasmiylashtirish qoldi. Joning ishonganing Xudoning emas, mening qoʻlimda. Istasam hozir oʻlasan, xohlasam ertalabgacha yashaysan. Sen oʻzingni yaxshi odam deb hisoblaysan-a? Men esa sening nazaringda eng yovuz, eng tuban, eng iflos odamman. Sen meni tanimasang ham shunday deb hisoblaysan. Chunki men — odamxoʻrman. Sen shu ma’lumotga ishonib meni oʻldirish maqsadida bu yerga kelgan eding. Sendan oldin-roq men sherigingni otdim. Bunga ham men aybdormanmi? Yoʻq, bir soʻtakning qoʻliga toʻpponcha berib qoʻygan sen aybdorsan. Men oʻzimni himoya qildim, uni oʻldirmasam oʻzim oʻlardim. Xotinni garovga olmaganimda oʻsha zahoti otarding meni. Oʻylab ham oʻtirmay otarding, a? Axir sen u xotinning kimligini bilmaysan-ku? Balki u mendan ham battardir? Balki u yigirmata erkakni avrab, toʻshagiga olib kirgandir, keyin oʻldirib, goʻshtini yegandir? Senlar men oʻldirgan xotinlarga achinasanlar, a? Kimlar edi ular, bilmaysan-ku? Bilmay turib achinaverasan. Hammasining erlari bor edi, bolalari bor edi. Erlari boʻla turib men bilan oʻynashishdi. Buzuqliklari uchun erlari ham indamaydi, senlar ham jazolamaysanlar. Eriga xiyonat qilish jinoyat emasmi? Jinoyat. Odam oʻldirishdan ham battar jinoyat. Shuning uchun men ularni jazoladim. Bu yaxshiligim uchun senlar meni oʻlimga hukm qildinglar. Bu adolatdan emas, faraon. Hozir seni qoʻyib yuborsam boshimga yuzlab oʻqlar yogʻiladi. Badanimni ilma-teshik qilib tashlaysanlar. Menga bittagina oʻq kifoya qilishiga aqllaring yetmaydi. Faraon, nega jimsan? Mening haqiqatim oldida Xudoying ham jim qoladi. Sen «Xudoga ishonaman», deysan. Laqillama, faraon, sen Xudoga emas, toʻpponchangga ishonasan. Sening Xudoying shu toʻpponcha, paygʻambaring manavi kishan. Ana, sening Xudoying ham, paygʻambaring ham menga xizmat qilyapti. Dodingni kimga aytasan?
— Birinchi marta qachon odam oʻldirgan eding?
— Ha, faraon, bu senga nima uchun kerak boʻlib qoldi.
— Oʻsha paytda qoʻlimga tushganingda uch-toʻrt ogʻiz gap gapirar edim. Endi foydasi yoʻq. Senga qarab oʻsha paytda oʻq uzilgan. Faqat yuragingga sanchilishi qoldi. Sen balki bugun qutulib ketarsan, lekin bilib qoʻy, oʻq iziga qaytmaydi, senga atab uzilganmi, demak, adashmaydi. Hukmni Ufadagi sud chiqardi, deyapsanmi, bekor gap. Oʻsha birinchi qadamingda oʻzingga oʻzing hukm oʻqigansan. Oʻqni ham oʻzing uzgansan. Boshqalardan oʻpkalama.
— Shundaymi, u holda oʻlim men uchun najot, sen uchun esa falokat, jazo ekan. Bunga nima deysan?
— Men oʻlimning sharpasini sezmayapman.

«Qassob» shunaqami, «sezmasang, sezib ol», deganday panjasidagi bombani Solievning koʻkragiga qattiqroq bosdi. Oʻzini hotirjam tutishga harakat qilayotgan Soliev shundan soʻng oʻzini behol sezdi. Yoʻq, «hozir bomba portlar, tanam qiyma-qiyma boʻlib ketar», deb qoʻrqmadi. Xizmati yuzasidan hamisha oʻlim bilan berkinmachoq oʻynaydigan odamning yengil turtkidan vahimaga tushishi mumkin emas. Alhol, Soliev vujudidagi behollik sababini bilmadi. Bu sababni keyinroq, shiftga tikilib yotgan damlarda anglaydi.

Odam bolasi tugʻilib, dunyoni koʻrgan onidan oʻlim bilan quvlashmachoq oʻyinini boshlaydi. Oʻlim quvlaydi, odam bolasi esa qochaveradi. Kimdir bu oʻyinda tez charchaydi, oʻlim tezgina quvib yetadi. Ba’zilar esa uzoq, juda uzoq qochadi. Hatto oʻlim tezroq yugura qolsa edi, tezroq menga yeta qolsa edi, deb nolalar qiladi. Hatto yugurib horigani uchun sekinroq yura boshlaydi. Ne gʻamki, shu onda oʻlim ham yugurishni bas qiladi. Yugura-yugura charchagan, hayotdan toʻygan odam oʻlim yeta qolsaydi, degan ilinjda toʻxtaydi. Ne qaygʻuki, oʻlim ham toʻxtaydi. Chunki... quvlashmachoq oʻyinining nihoyasi, oqibati qochayotganning ham, quvlayotganning ham ixtiyorida emas. Holiqi olam belgilagan vaqt va manzilga yetilgunga qadar bu oʻyin davom etaveradi.

Solievni quvib kelayotgan sayyod — oʻlim ayni shu bekatda saydiga yetib keldimi ekan? Buni yolgʻiz Yaratgan biladi.

III bob

1

Uchoq bekasi Maskov oʻn ikki darajali sovuq bilan qarshilayotganini e’lon qilib, ehtiyot kamarlarini bogʻlagan holda qoʻnishga tayyorgarlik koʻrishni iltimos qildi.

Gʻildiraklar yerga doʻqillab tegib, uchoq silkinganida Manzura «Xudoga shukr», deb pichirladi. Uyiga yetib olishiga hali fursat boʻlsa-da ayriliq kunlarining tugayotgani uning qalbini quvonch nuri bilan yoritdi. Shuning barobarida shodlik quyoshi yuzini tashvish buluti toʻsishga urindi.

Chuvrindining oʻlimi haqidagi xabarni eshitgach, qaytish ixtiyorini bildirdi-yu, uyiga qoʻngʻiroq qilib ahdini eriga bildirishdan choʻchidi. Ana shu damlarda Asadbekning oʻzi qoʻngʻiroq qilib mushkulini bir oz yengillashtirdi. Odatdagi salom-alikdan soʻng Manzura yurak yutgan holda soʻramoqchi boʻldi:
— Adasi, Mahmudjonga...

Savolini oxiriga yetkaza olmay erining toʻng javobini eshitdi:
— Ishing boʻlmasin...

Darvoqe, Manzura erining hayotiga, ishlariga aralashmoq huquqidan mahrum ekanini unutibdi. Asadbek, faqat u emas, balki boshqa erkaklar ham «umr yoʻldoshi» deb atalguvchi xotinlarining chegarasini aniq belgilab qoʻyishadi. Halqadan iborat bu hudud orasidagina ayollar erlarining umrlariga yoʻldosh boʻlishlari mumkin, ya’nikim, toʻshakda erning koʻnglini olish, bolalar tugʻib berish, farzandlarni tarbiyalash, erning issiq-sovugʻidan xabardor boʻlib turish huquqi ularga toʻlaligicha berilgan. Bu huquq halqasidan bir qarich chiqish yoki chiqishga urinish, agar omadli boʻlsalar soʻkish bilan, shoʻrpeshona boʻlsalar kaltak bilan mukofotlanadi.

Har bir ayol kabi Manzura ham bilib-bilmay ba’zan chegara chiziqlariga yaqinlashib qoladi. Erining «ishing boʻlmasin», yoki «aqling yetmaydigan ishlarga aralashma» deb toʻngʻillashi unga chegarada turgan askarning «Toʻxta, otaman!» degan hayqirigʻiday eshitilib, yalang oyogʻi bilan choʻgʻni bosib olgan odam holatida iziga qayta qolardi. Asadbek soʻnggi marta qoʻngʻiroq qilganida ham oʻz odatiga sodiq qoldi: savolining yarmini ichiga yutib «ishing boʻlmasin», degan javobdan qanoatlana qoldi. Eri «Yana nima gaping bor?» degach, ahdini aytishga qiynalib, bir zum tildan qoldi.
— Nima, oʻlib qoldingmi? Gapir, gaping boʻlsa! — degan amrdan soʻng tiliga jon qaytganday boʻldi-yu, tutila-tutila maqsadini ma’lum qildi. Bu xabarni eshitgan Asadbek jimib qoldi. Manzura vulqon otilishini kutgan bechora holida, barmoqlaridagi qaltiroqni oshkor qilmaslik uchun goʻshakni mahkamroq qisib, qulogʻiga qattiqroq bosdi-da, roʻparasidagi oʻgʻillariga najot koʻzlari bilan boqdi. Abdulhamid onasidagi oʻzgarishni sezib «aybni bizga yuklayvering» degan ma’noda koʻrsatgich barmogʻini koʻkragiga nuqib qoʻydi.

Manzura kutgan vulqon portlamadi, vazmin, dardli ovoz eshitildi:
— Seni birov haydadimi?
— Yoʻq, adasi, oʻgʻillaringiz...
— Samadga ber.

Oʻgʻlining salomiga sovuq tarzda alik olgan Asadbek qachon uchishlarini soʻrab, Maskovga kutib oluvchi odam yuborajagini aytishdan nariga oʻtmadi

Asadbek oʻgʻillariga indamaydi, zahrini Manzuraga sochadi. Manzura ishonchli qalqoni bilan oʻzini himoya qilishga har on shay boʻlsa-da, eri otgan zaharli soʻz toshlari bu qalqonni yorib oʻta olmasligini yaxshi bilsa-da, baribir zirillab turadi. Nikoh kechasi Asadbek chimildiqqa kirib kelishidan sal oldin yangasining «nima boʻlsayam hamisha bitta gapdan qolishni oʻrgan», degan oʻgiti butun umr davomida unga ishonchli qalqon sifatida xizmat qildi. Agar har safar bitta gapdan qolganida bittadan gugurt choʻpi tashlab qoʻyaverganidami shaharni choʻp bosib ketishi aniq edi. Erinmagan odam bu choʻplarni temir yoʻli singari terib chiqsa Yer yuzini necha bora aylanar ekan...

Erga tegib kaltak yemaganining bir sababi Asadbekning onasi taqdirini unutmagani boʻlsa, ikkinchisi ana shu «bir gapdan qolish» deb ataluvchi qalqon himoyasida ekanligi edi.

Maskovning muzlagan yeriga qadam qoʻygan Manzu-ra navbatdagi «bir gapdan qolish» uchun uyiga oshiqardi.

Chegarachilar nazoratidan oʻtib, bojxona rasm-rusm-lari maydonchasiga oʻtishganida Manzura toʻsiq orti- da turgan Jamshidni koʻrdi-yu, toshday qotdi. Hatto kipriklar ham harakatdan qoldilar. Abdusamad jomadonlar bilan ovora edi. Akasiga koʻmaklashishga hozirlangan Abdulhamid onasidagi oʻzgarishni sezib, toʻxtadi. Onasi tikilib turgan tomonga qarab Jamshidni koʻrdi-yu, jilmayganicha qoʻlini havolatib, salomlashgan boʻldi.

Soʻng onasiga:
— Jamshid akam kelibdilar, oyi, — dedi.
— Voy tavba, astagʻfirulloh! — dedi Manzura pichirlab.
— Ha, oyi? — dedi ajablangan Abdulhamid.
— Rostdanam Jamshid akangmi?
— Ha, tanimadingizmi?

Tanimaganida bunchalik holsizlanmas edi. Boshqa a’yonlarga nisbatan yaqinroq, suyumliroq boʻlgan Jamshidning oʻlimini Manzura oʻgʻillariga aytmagandi. Ku-yib, qovjirab, deyarli koʻmirga aylangan jasad uchun Chuvrindining uyida oʻzi oʻrin solganini, gʻassol kelguniga qadar ona qatorida murdaning yonida oʻtirganini, soʻngroq esa Jamshidning oʻlimini eshitgan Zaynabning oʻzini osganini aytganida Abdulhamid bunday deb soʻramagan boʻlar edi.

Oʻgʻli tanidi. Demak, toʻsiq ortidagi yigit — Jamshid. Unda Chuvrindining uyida kimning oʻligiga oʻrin soldi? Yo tirilib qaytdimi bu yigit? Koʻmirga aylanganini koʻrmaganida ham «tirilibdi» degan gapga ishonishi mumkin edi. Balki koʻrayotgani arvohdir? U holda... oʻgʻliga ham arvoh koʻrindimi?

Bojxonachilarga jomadonlarni ochib koʻrsatayotgan Abdusamad gap talashib ovozini balandlatgach, ona-bola beixtiyor oʻsha tomonga qarashdi. Abdulhamid «Sizlar shu yerda turinglar», deb kelinlar bilan Manzurani qoldirib, oʻzi akasi tomon yurdi. Oʻgʻillarining gap talashayotganidan, bojxonachilarning zarda qilayotganlaridan xavotirlangan Manzura kelinlariga «shu yerda jilmanglar», deb farzandlariga yaqinlashdi. Oʻrischani durustroq bilmagani sababli nima voqea yuz berganini darrov anglamadi. Anglamasa-da, yarim oʻrischa, yarim oʻzbekchalab bolalarini himoya qila ketdi. Goʻshtdor malla bojxonachi «grajdanka, siz nari turing» deb Manzuraning bilagidan ushlaganida Abdulhamid qizishib «Nega onamni turtasan!» deganicha uning qoʻlini siltab tortdi. Dahanaki jang Manzura kelishi bilan rosmana olishuvga aylanib ketay dedi. Abdusamad ukasini chetga tortib tanbeh berayotganida Jamshid toʻsiq eshigi oldidagi soqchi yigit kaftiga pul qistirdi-da, shoshganicha yigitlarga yaqinlashdi.
— Kennayi, siz kelinlaringizning yoniga borib tura qoling, — dedi. Keyin Manzuraning nari ketishini kutmay, Abdulhamidning yelkasini ushlab silkitdi: — Kallang bormi, kimga osilyapsan?
— Oʻzini koʻrmaysizmi?
— Oʻchir, ahmoq!

Manzura joyiga qaytgach, Jamshid aka-ukalarni ham qoldirib bojxonachilar bilan oʻzi gaplasha boshladi. Oqibat shu boʻldiki, oʻzi bilan kelgan yigitga ayollarni topshirib mehmonxonaga joʻnatdi. Aka-ukani esa yuklari bilan birga milisaxonaga olib ketdilar.

Ular bilan izma-iz yetib kelgan Jamshid milisaxonaning kattalari bilan til topishga urindi. Bojxonada taftish qaydnomasi yozilmagani uchun bu yerda ish oson bitar, deb oʻylab yanglishgan edi. Milisaxonada ham tergovchi soʻroqni boshlamay aka-ukalarni «izolyator» deb atalmish vaqtinchalik qamoqqa qamadi. Jamshid «Ish»ning rasmiylashtirilishiga shoshilishmayotganidan, gaplarini bee’tibor tinglashayotganidan bir shumlikni sezdi. Shu bois ular qarshisida koʻpam elanmay, iziga qaytdi. Telegrafga kirib Bek akasiga noxush xabarni bildirdi-da:
— Yuklaridan qora dori chiqqanmish, — deb izoh berdi.

Bu gapdan soʻng Asadbekdan bir necha soniya sado chiqmadi.
— Xongireyga aytsammikin? — deb soʻradi Jamshid.

Bu safar javob hayallamadi:
— Yoʻq, — dedi Asadbek boʻgʻiq ovozda. — Sen aralashmay tur, oʻzim yetib boraman.

Milisalarga gapi oʻtmagach, Jamshid Xongireyga uchrashmoqni oʻyladi-yu, ammo «Xongireyning ishi boʻlsa-chi, bu?» degan savol xayolini bir yoritib oʻtdi. «Agar bu ishda Xongireyning qoʻli boʻlsa, gapimni sariq chaqaga olmaydi, Bek akamning oyoqlariga bosh urib kelishlarini xohlaydi, degan fikr uni toʻxtatdi.

Jamshiddan sovuq xabarni eshitgan Asadbek ham birinchi galda Xongireyni esladi. Esladi-yu, maqsadini ham angladi: endi oyoqlariga bosh urib borishdan oʻzga chorasi yoʻq. Shu topgacha erkakman, deb qaddini gʻoz tutib yurgan Asadbek endi egilishga majbur. Bu qimor oʻyiniga anov-manov narsa emas, oʻgʻillarining jonlari tikilgan. Koʻngli shu xorlikni sezardi. Sezgani uchun ham ularning qaytishlarini istamayotgan edi.

Xojasiga shumxabar yetkazgan Jamshid «Bek akamning jahllari chiqdi» deb oʻyladi. U jahl emas, naq jonning oʻzi chiqayozganini fahmlamadi. Shumxabarni eshitgan topda Asadbek boʻlajak xorlikni, ta’zim qilib borib balchiqqa bulgʻanishini oʻylamadi. Yoʻq, buni ancha keyin oʻylaydi. Hozir uning koʻzlariga faqat bolalarining joni koʻrindi. «Bolalar qamoqda» degan gap unga «bolalar tobutda» deyilganday eshitilib, vujudiga muz yugurdi. Jamshidning «gaplashdim, ancha yumshatdim», deyishi ham bu muzni erita olmadi. Oʻzining tezda yetib borajagini aytgach, «Kennayingga indamay qoʻya qol», dedi.

Hojasi ogohlantirmasa ham Jamshid nima voqea yuz berganini yangasiga aytmas edi. Vahima toʻriga oʻralib yigʻiga bandi boʻlib oʻtirgan ayollarga «ahvol chatoq, yukinglar orasidan ancha qoradori chiqibdi» de-yishining oqibatini yaxshi bilardi.

Manzura mehmonxonaga joylashguniga qadar, yuragi yorilib ketguday darajada potirlab urayotgan boʻlsa-da, alamli yigʻi boʻgʻzidan boʻgʻsa-da, oʻzini tutishga kuch topdi. Xonaga kirib oromkursiga omonat oʻtirdi. Oʻtirdiyu mushuk panjasidagi onasiga moʻltillab tikilayotgan kabutar poloponlari holidagi kelinlarining koʻzlariga koʻzi tushgach boshqa chiday olmadi. Yuvinish xonasiga oʻtib unsiz yigʻladi. Qalbidan nido vulqoni portlagan boʻlsa ham ovoz chiqarmadi. Unsiz yigʻlamoq — uning qismati. Yaratgan unga shu azobni ravo koʻrgan ekan, dardini kimlarga aytsin?

Hamma uni baxtli hisoblaydi. Agar yemoq-ichmoq, kiyinmoq, bezanmoq baxt hisoblansa Manzurani eng baxtli ayollardan biri demoq mumkin. Oʻlchovi, zamoni, makoni boʻlmagan baxt atalmish tushunchaga Manzuraning oʻzi ham tushunmaydi.

Manzurani baxtli deb hisoblovchilar, «shu ayolga nasib etganingdan menga ham ber», deb Tangriga tavallo qilgʻuvchilar uni hozirgi ahvolda bir koʻrsalar edi, «agar baxt shu boʻlsa baxtsizligi qanday ekan?» degan muammoga javob topa olmay yana Yaratganga yuzlanar va bu ayolga oʻxshatib qoʻymasligini soʻrar edilar.

Manzuraning qorni toʻq, usti but boʻlishi barobarida tashvish sandigʻi ham toʻla edi. U tanish-notanish odamlar ogʻzidan ba’zan toʻgʻri, ba’zan mish-mishlarni eshitib qolganida «bundan koʻra qimor oʻynab yurganlari ma’qul edi», deb qoʻyardi. Qaytar dunyo, deganlaridek, boshqalarga ravo koʻrilgan zulm farzandlariga qaytishi mumkinligini oʻylaganda esa badaniga muz yugurib «qimor oʻynab, meni yutqizib yuborganlari ming marta afzal edi», deb qoʻyardi. Deyishga derdi-yu, ke-yinroq noshukrlikka yoʻl qoʻyganini fahmlab, tavba qilardi. Shu topgacha xonadoni boshiga qora kunlar tushmagani balki shu tavbalar, duolar tufaylidir? Shiddat bilan bostirib kelayotgan qora kunlar seli qarshisida endi uning tavbalari, duolari ojizlik qilib qolgandir?

Roviylar ayturlarkim, choʻpon suruvni qaytargach, sovliqlarni sogʻib, bir qultum sutga ham xiyonat qilmay, xoʻjasiga berarkan. Xoʻjayin esa sutga suv qoʻshib, pullarkan. Choʻpon xoʻjasini haromdan qaytarmoqchi boʻlganida da’vati evaziga orqasidan tepki yebdi. Bir kuni suruv oʻtlab yurganda qoʻqqisdan sel kelibdi-yu, qoʻylarni surib ketibdi. Oqshomda soʻppayib qaytayotgan choʻponini koʻrib, xoʻjayin «Qoʻylar qani?» deb soʻrabdi. «Siz sutga qoʻshgan suvlar yigʻilib selga aylandi-yu, suruvni surib ketdi», debdi choʻpon.

Har qanday aybli ishlar, gunoh amallar yigʻindisining tomchilardan vujudga kelgan koʻl kabi sel qudratiga ega boʻlishini va bu qudrat jazo darvozalarini ochib yuborajagini koʻp qatori Manzura ham bilmasdi. Qizi Zaynab oʻgʻirlangan kuni bu jazo darvozasining qiya ochilganini, endi esa baralla ochila borayotganini u fikr qilib koʻrmadi. Boshlari uzra jazo shabadalari esa boshlaganda er-xotin tavba bilan sajdaga bosh qoʻyganlarida balki ibodatlari jazo seli yoʻliga toʻgʻon boʻla qolarmidi, vallohi a’lam?

Endi esa kech.

Yoz chillasi oʻrnini navbahor qayta egallay olmagani kabi gʻam-tashvish bulutlaridan yogʻila boshlagan alam doʻllariga chora yoʻq endi.

Manzura bugungi holatdan eziladi. Yuragi esa ertaning alamlaridan soʻzlamoqni istab behalovat tepadi. U esa tilsiz yuragining faryod bilan aytayotgan soʻzlarini anglamaydi.

Ularni kuzatib kelib, mehmonxonaga joylashtirgan yigit chaqirtirgan restoran xodimlari dasturxon tuzadilar. Manzuraning ham, kelinlarining ham tomoqlaridan ovqat yoki bir tishlam non tugul, bir qultum choy ham oʻtmadi.

Manzura kelinlariga nima deb izoh berishni ham, nima deb yupatishni ham bilmas edi. Uning oʻzi shu topda bir dononing izohiga, bir mehribonning ovutishiga muhtoj edi. Mushtariy quyib uzatgan choyni olishga oldi-yu, koʻngil uchun labiga ham olib bormadi. Koʻzi kelinlarining nigohlari bilan toʻqnashgach, shu bolalarni tugʻib katta ayb ish qilib qoʻyganday boshini xam qildi.

Choʻlponoy ham, Mushtariy ham savol muhrlangan nazarlariga qaynonalaridan javob talab qilmayotgan edilar. Ota-onalarining hikoyalari orqali bu mamlakatni och, vahshiy boʻri koʻrinishida tasavvur etgan, bir havotir bilan yoʻlga chiqqan kelinlarning yuragi qush hadigi bilan tepardi. Ota-onalari yurtlariga kimlar hukmron ekanliklarini bilib tursalar-da, mamlakatdagi keyingi oʻzgarishlarga umid bilan qarab, Asadbekning oʻgʻillarini kuyov qilmoqlikka jazm etgan edilar.

Boʻrilar hukmidagi oʻrmonda qashqiru shoqollar ham davr surishini ular hisobga olmagan edilar. «Mubham u diyorda qanday yashab ketarkinmiz?» degan tashvishdagi kelinlarga bu hodisa kutilmagan, ajabtovur tuyulmadi. Ularning yuraklari qandaydir noxush voqeaning albatta sodir boʻlajagini sezgan edi. Ammo «mamlakat tuprogʻiga qadam qoʻyishga ulgurmay erlarimiz hibsga olinarlar» deb oʻylashmagan edi. Yaxshiki ular Olmon polisi bilan Moskva milisasi orasida osmon bilan yercha farq borligini bilishmaydi. «Advokatlar ishtirokidagi savol-javobdan soʻng hademay chiqib kelishadi» degan oʻy ularni bir oz boʻlsa-da, xotirjamlikda ushlab turardi. Erlarining zax va sovuq, qorongʻu va badboʻy qamoq xonasida qunishib oʻtirishganini bilishsami, buni Manzura ham bilsami, uchovlarining azador xotin holatiga tushmoqliklari aniq edi. Yurt sogʻinchi bilan umr kechirayotgan ota-onalarining armonlari soyasida ulgʻaygan qizlar nikohdan soʻng tanmahramlaridan vatanlari haqida eshitgan nurli hikoyalarga bir ishonib, bir ishonmay safarga otlanishgan edilar. Abdusamad ham, Abdulhamid ham ularni aldamagan edilar. Ular Rusiya istilosida unsiz ingrayotgan Vatan nolalarini emas, quyosh nurida yashnayotgan yurt tabiatini maqtagan edilar. Buning uchun ularni yolgʻonchiga chiqarmoq nooʻrindir, chunki Vatanda turib ular Vatan nolalarini eshitmas edilar. Bu azobli ingroqni armonda yashayotganlar jon quloqlari bilan tinglab, yuraklaridagi nolalari bilan joʻr boʻlar edilar. «Bedardning oldida boshimni ogʻritma», deganlaridek toʻkin dasturxon atrofida ulgʻaygan bolalarning Vatan alamlaridan voqif boʻlmoqliklari mumkin emas edi. Abdusamad bilan Choʻlponoyni, Abdulhamid bilan Mushtariyni bir-birlariga aynan shu toʻkin dasturxon birlashtirib turardi. Dunyoni anglamak, Vatan taqdiriga kuyunmak borasida ularning qalblari boshqa-boshqa edi. Shuning barobarinda Asadbek bilan Muzaffarxon, Manzura bilan Guluzor begim ham bu masalada oʻzga-oʻzga olamning fuqarolari edilar.

2

Jamshid taksiga oʻtirib mehmonxonaga yaqinlashganida xojasidan bir narsani soʻrab olmaganini fahmlab, afsuslandi. Shu bois mehmonxona nazoratchisi choʻntagiga besh soʻmlikni qistirib ichkari oʻtgach, yuqoriga koʻtarilmay, telefon koʻshklari tomon yurdi.

Asadbek a’yonining ovozini eshitishi bilan xavotirlanib:
— Yana nima boʻldi? — deb soʻradi.
— Kennayimlarni joʻnatib yubora qolsammikin, deb soʻramoqchiydim...

Asadbek bu masalani Jamshid aytmasdan ilgariroq hal qilib qoʻygan edi. Shu sababli javobni hayallatmadi:
— Tayyor turlaring, odam boradi.

Jamshid yettinchi qavatga koʻtarilib, ayollar joylashgan xona eshigi oldidagi sherigiga yaqinlashdi.
— Aytganingizday choy-poy qildim, — dedi yigit Jamshidning savol nazariga javoban.
— Yigʻi-sigʻi qilishmayaptimi?
— Yoʻq.
— Bitta-yarimta kuzatmayaptimi, sezmadingmi?
— Yoʻq. Birov yaqinlashmadi.
— Ichkarida gap-soʻz boʻlmadimi? — Jamshid shunday deb shiftga qarab oldi. U ovoz yozib oluvchi uskunalar oʻrnatilgan boʻlishi mumkin, degan gumonda sherigini avvalroq ogohlantirgan edi. Yigit hozirgi savoldan Jamshidning maqsadini anglab, «yoʻq» degan ma’noda bosh chayqadi. Shundan soʻng Jamshid eshikni asta taqillatib, soʻng qiya ochdi-da:
— Kennayi, kirsam maylimi? — deb soʻradi.

Qafasga solingan qushlar holatidagi ayollar qiya ochilgan eshikka najot koʻzlari bilan qarashdi. Jam-shidning ortidan Abdusamat bilan Abdulhamidni koʻrmoq ilinjida termuldilar. Jamshid ostona hatlab ichkari kirganidan soʻng ham eshikdan koʻzlarini uzmadilar. Manzura Jamshidga yaqinlashib, paltosining yoqasini asta ushladi-da:
— Oʻgʻillarim qani? — deb yengil siltadi.
— Ozgina qogʻozbozlik ishlari bor ekan, kelib qolishadi, — dedi Jamshid xotirjam tarzda.

Ona qalbi bu xotirjamlik pardasi ortida yolgʻon yashiringanini sezib, Jamshidning koʻzlariga tikildi. Asadbekning badanni teshib yuborguday oʻtkir nigohlariga koʻnikib qolgan Jamshid uchun bu ma’suma koʻzlarning tikilishi nima ekan? Jamshid xuddi hech qanday voqea yuz bermaganday, oʻgʻillari rostdan ham hozir kirib keladiganday xotirjam tarzda qarab turaverdi, hatto sal jilmaygan ham boʻldi.
— Toʻgʻrisini ayt, — dedi Manzura titroq ovoz- da. — ularni... qoʻyib yuborishdimi?

Manzura aslida «ularni qamashmadimi?» deb soʻramoqchi edi. Ammo bu xunuk soʻzni tilga olishdan irganib «qoʻyib yuborishdimi?» deb soʻradi. Jamshid Manzura tilidan uchishi mumkin boʻlgan savol oʻqlariga javob-qalqonlarini tayyorlab qoʻygan edi.
— Kennayi, bollarni ushlashgani yoʻq-ku? — Jamshid shunday deb moʻltillagancha tikilib turgan kelinlarga qarab jilmaydi. — Biz tomonlarda qogʻozbozlikni yaxshi koʻrishadi. Bitta harf notoʻgʻri tushsa ham qitmirlik qilaverishadi.
— Qoradorichi? — dedi Manzura pastroq ovozda.
— Shunga ishondingizmi? Bojxonaning tomogʻi qichishsa shunaqa qiliq qiladi. Nafsiga urib qoʻydim, tinchishdi. Agar rostdanam qoradori boʻlganida qogʻozlar toʻldirishardi, hammayoqni vahimaga toʻldirib yuborishardi. Bitta ham qogʻoz yozishmadi-ku, oʻzingiz koʻrdingiz-ku?

Manzura «aldamayapsanmi?» deganday unga qarab turaverdi, paltosining yoqasini boʻshatmadi. Jamshid esa oʻz onasini quchgan mehribon oʻgʻil kabi Manzuraning yelkasiga kaftini qoʻydi:
— Hozir aka bilan gaplashdim, — dedi suyunchilik xabari bildirganday.
— Aytdingmi, chaqirdingmi?

Bu savol uning moʻljalida yoʻq edi, shu sababli bir oz gangidi. «Chaqirdim, keladilar» desa ishning jiddiyligi sezilib qoladi. «Kelmas ekanlar», desa uyga qaytishganida bu yolgʻoni ham fosh boʻladi. Jamshid «Nima boʻlganda ham uyga yetib borishaverishsinchi» degan fikrda:
— Akam kutyaptilar. Aslida bir-ikki kun Maskovda aylantiray devdim...

Jamshidning gapi chala qoldi. Manzura qoʻlini uning yoqasidan olib salgina chekindi-da:
— Ha, Maskoviyam juvonmarg boʻlsin! — dedi.

Bu gapdan Jamshid jonlandi:
— Akam ham shunday dedilar. Hozir sizlarni kuzatib qoʻyar ekanman. Bolalar bilan oʻzim izma-iz yetib boraman.

Manzura «shunday qilamizmi?» deganday kelinlariga qarab oldi-da, ulardan javob kutmay qarorini aytdi:
— Birga ketamiz. Bir kun ming kun emas, kutamiz.
— Bilmadim... — Jamshid siquvga olib ularning hadikdagi yuraklarini yanada ezmaslik uchun sukut saqladi. Soʻng ilojsiz odamning ovozi bilan davom et-di: — Akam nima der ekanlar. Hozir odam keladi.
— Kim?

Kim kelishini Jamshidning oʻzi ham bilmas edi. Shu sababli mujmal javob qildi:
— Akam shu yerdagi yaqinlariga tayinlabdilar. Agar xohlasangiz telefonni ulay, akam bilan oʻzingiz gaplasha qoling.

Jamshid Manzurani koʻndirish uchun atayin shunday dedi. U yanglishmadi — moʻljalni aniq oldi. Eri bilan gaplashish haqidagi taklifni Manzura oʻylab ham oʻtirmay rad qildi:
— Yoʻq... kerakmas.

Manzura xonaga kirishi bilan uyga qoʻngʻiroq qilishni oʻylagan edi. Ammo erining qahrli ovozini eshitishdan choʻchidi. «Bunga sen oʻzing aybdorsan!» degan hukmdan qoʻrqdi. Hozir ham ana shu qoʻrquv tirnoqlari orasida «yoʻq» deb qaytish haqidagi amrga boʻysunmoqdan oʻzga chorasi yoʻqligini angladi-yu, bu bilan Jamshidning mushkulini yengil qildi.

Ayollar huzurida qoqqan qoziqdek turish Jamshidga malol kelib, dahlizga chiqdi. Qoʻshni xonadan joy olgan boʻlishlariga qaramay, bu eshikdan uzoqlashmagan holda soqchi kabi turishdi. Ularni kuzatib qoʻyishi lozim boʻlgan odam hadeganda kelavermagach, Jamshid toqatsizlandi. Xojasidan «Kimga aytgansiz, kim keladi, kim kuzatadi?» deb soʻrab olmagandi. Bularni soʻrashga haqqi ham yoʻq edi. Bek akasi lozim topsa oʻzi aytardi. Aytmadimi, demak, Jamshid bularni bilmasa ham boʻladi. Ayniqsa telefonda har qanday gap aytilavermasligini Jamshid yaxshi biladi. Bilgani uchun ham «shuni soʻrab olmabman-da» deb afsuslanmadi. Jamshidning betoqatligi zamirida «aytilgan odam keladimi yo yoʻqmi?» degan havotir yoʻq edi. Xojasi kim bilan-dir gaplashdimi, kimgadir aytdimi, demak, masala hal. Jamshid masalaning tezroq hal boʻlishini, ayollarni tezroq sogʻ-omon kuzatib, yigitlar holidan xabar olish uchun milisaxonaga qaytishni istayotgan edi.

Ming yillik qari toshbaqa singari sudralayotgan vaqt betoqat yuragini siqayotgan damda ayollar xonasidagi telefon jiringladi. Manzuraga ham, kelinlarga ham telefonning bemavrid jiringi xuddi roʻparalarida pinakka ketgan boʻgʻma ilonning behos uygʻonib, bosh koʻtarishiday tuyulib, choʻchib ketishdi. Goʻshakni koʻtarmoqqa hech birlari jur’at etishmadi. Telefon toʻrtinchi marta jiringlaganda Jamshid eshikni taqillatib, kirib keldi. Goʻshakni qulogʻiga tutib «allo» deyishi bilan qoʻngʻiroq qilgan odam salom-aliksiz, muddaoga koʻcha qoldi: tezlik bilan Domodedovoga yetib borishlari lozimligini tayinladi. Gap qisqa va aniq edi. Jamshid «xoʻp, yaxshi» deyishga ham ulgurmay aloqa uzildi.

Koʻchaga chiqishganda mijozga mahtal boʻsh taksilarga oʻtirishmadi. Biroz kechikibroq chiqqan Jamshidning sherigi xuddi begona odamday ularga e’tibor bermasdan koʻchaning narigi betiga oʻtib ketdi. Kelinlar boʻsh mashinalardan biriga oʻtirmay izgʻirinda kutib turishlari sababini bilmay hayron edilar. Manzura ham ehtiyot chorasi koʻrilayotganini bilmay, tanishlarning mashinasi kelsa kerak, degan oʻyda turardi. Qarshi tomondan uch-toʻrt boʻsh taksi oʻtgandan soʻng, yigit navbatdagisiga qoʻl koʻtardi. Manzura uning mashinaga oʻtirganini koʻrib «ishi boʻlsa boshqa yoqqa ketayotgandir» deb oʻyladi. Ammo oradan bir qancha muddat oʻtgach, ayni shu mashina roʻparalarida toʻxtagandan soʻng Manzura yigitlarning maqsadini tushundi. Old oʻrindiqdagi yigit oʻrniga Jamshid oʻtirdi, ayollar orqadan joy oldilar. Jamshidning sherigi boshqa mashina toʻxtatib, izma-iz yurdi.

«Domodedovo» deb atalmish havolanida ularni hech kim kutib olmadi. Shunday boʻlsa-da, Jamshid qandaydir koʻzlar ta’qib etayotganini his qildi. Telefondagi topshiriqqa binoan pattalarni rasmiylashtiruvchi ikkinchi boʻlimdagi oltinsoch juvonga hujjatlarni uzatdi. Juvon bir hujjatga, bir unga qarab oldi-yu, patta ilinjida soatlab moʻltillab turgan yoʻlovchilarga e’tibor ham bermay ishga kirishdi.

Jamshid ayollar oldida, sherigi sal orqaroqda nazoratchining toʻsigʻidan oʻtib, uchoqqa chiqishdi. Ayollar joylashib olishgach ham Jamshid yoʻlovchilarga zimdan koʻz tashlab kuzatib turdi. Uchoq bekasi «Siz nega turibsiz, joyingiz qaerda?» degach, Manzura bilan xayr-lashib, pastga tushdi. Zinapoyalar olinib, uchoq uchish maydoniga qarab yurganidan soʻnggina iziga qaytdi. Yigitga «Sen Bek akamni kut», deb oʻzi milisaxonaga ketdi.

Uchoq bulutlar oqimi bilan olishib, titray-titray yuqoriga koʻtarilgani sayin Manzuraning yuragi ham titrab-titrab, parcha-parcha boʻlib uzilib yerda qolayotganday zirillayverdi. Uyga qaytmoq umidining bu tarzda amalga oshayotganidan alamda boʻlgan ona qalbining xotirjam tepishi mumkin ham emasdi.

Oʻldi deb yurgani yigitning tirik holda koʻrgandagi ajablanishi ham unutildi, uyga qaytgach amalga oshajak suyunchli orzu-havaslar yuzini esa qora bulut toʻsdi...

...Darvoza ostonasidan to mehmonxonaga qadar oq poyandoz toʻshalgan... Boshlariga oq harir roʻmol tashlagan kelinlari qutlugʻ qadamlari bilan poyandozni bosib ostona hatlaydilar. Ichkariga bir qadam qoʻyadilaru egilib salom beradilar — taomil shunday: xonadonga, mehmonlarga, shuning barobarinda muborak kunda yoʻqlab kelgan ruhlar hurmatiga salom beriladi. Kimdir «hayotlari shirin boʻlsin» degan niyat bilan kelinlari boshi ustidan shirinlik sochadi. Adasi (ya’ni Asadbek!) «hayotlari toʻkin boʻlsin», degan niyatda pul sochadi. Keyin avval kelinlarining, soʻng oʻgʻillarining peshonasidan oʻpadi. Agar birov kelib Manzuradan «Bu dunyoga nega keldingu nega yashading?» deb soʻrasa u «mana shu baxtli onlarni koʻrish uchun yashadim» deb javob bermogʻi aniq edi. Endi-chi?

Poyandoz solish birovning xayoliga kelarmikin?

Sochqi sochish-chi?

Eri, Asadbek nimani sochadi, pulmi?

Endi pul emas, zahrini sochadi...

Manzura erining qay holda qarshilashini koʻz oldiga keltirib, battar ezildi.

Bulutlar bagʻridan yulqinib chiqqan uchoq titrogʻi bosildi. Lekin Manzuraning yuragidagi titroq soʻna qolmadi. Koʻz ilgʻamas kenglikdagi osmon uning koʻziga tor koʻrindi. Pastdagi bulutlar oʻrkachining goʻzalligi uni maftun etmadi, balki doʻzax oʻtlarining tutuni boʻlib koʻrindi koʻziga. U uchoqda uchmadi, badbaxtlik tikonlari ustidan yalangoyoq yugurib yetdi manziliga.

Uchoq qoʻngach, oʻrnidan turishga shoshilmadi. Savol nazari bilan qarashgan kelinlariga «odamlar tushib olaverishsin, turtinib yurmaylik», deb izoh berdi. Agar orada tashvish olovi yonmaganida, oʻgʻillari bagʻrida boʻlganida bunday demasdi, oʻzi birinchi boʻlib oshiqib tushardi, qush kabi oshiqib uchardi uyi tomon. Hozir esa eri bilan uchrashish onlarini bir necha soniyaga boʻlsa-da, ortga surishni istadi. Goʻyo sal kechroq tushsa, oʻgʻillari ortdagi uchoq bilan izma-iz yetib kelib, uni erining qahrli nigohidan qutqarib qoladiganday edi.

Uchoq zinapoyasidan oʻttiz qadamcha naridagi ikki oq «jiguli» yonida turgan Kesakpolvon Manzurani koʻrishi bilan unga peshvoz chiqib, soʻrashdi. Keyin kelinlarning salomiga alik olib, «qiynalmay keldilaringmi?» deb qoʻydi. Manzura erining kutib olishiga unchalik ishonmasa-da, «keldilarmikin?» degan ham ilinj, ham xavotirda mashinalarga qarab oldi.
— Kelinlarning naq shkaladidan topibsan, Manzur! — dedi Kesakpolvon tirjayib.

Bu gap Manzuraga malol kelsa ham, yuragidagi gʻamni sezdirib qoʻymaslik uchun bosh irgʻab jilmayishga urindi. Choʻlponoy ham, Mushtariy ham «Manzur» deb sensirashidan bu past boʻyli jikkak odamni yaqin qarindoshlardan shekilli, deb oʻylashib «kelinlarning naq shkalad»i qanday ekanini anglashmagan boʻlishsa-da, asta jilmayib qoʻyishdi. Garchi Asadbek bir necha marta «Bu senga kennayi boʻladi, sizla» deb tanbeh berganiga qaramay «sen oshnamsan, bu singlim», deb oʻz bilganidan qolmagan Kesakpolvonning sansirashiga avvallari Manzura befarq qarardi. Ammo hozir kelinlari huzurida malol keldi.
— Pattani ber, yuklaringni bolalar oladi.
— Yuklarni... ukalaringiz olib kelishadi.
— Ha... Asad aytuvdi.

Manzura old oʻrindiqqa, Halimjonning yoniga oʻtirdi. Kelinlar orqa oʻrindiqdan joy olishdi. Kesakpolvon oʻtirgan mashina izma-iz yurdi.

Darvoza ostonasidan to mehmonxonaga qadar boʻlmasa-da, uch-toʻrt qadam uzunlikda poyandoz solingan edi.

...faqat sochqi sochilmadi.

...Manzuraning baxtiga gʻazabli nigohdan ta’na oʻqlari ham yogʻilmadi.

...kelinlarining peshonalaridan oʻpib, qutlashi lozim boʻlgan Asadbek koʻrinmadi.

Poyandoz adogʻida jilmayib kutib olgan Zaynab avval kelinoyilari bilan koʻrishib, soʻng onasining bagʻriga singib ketdi. Bunday onlarda ona-bolaning yigʻlab koʻrishmogʻi ayb sanalmaydi, birov ajablanmaydi ham. Bunday yigʻi shodlik nishonasi deb izohlanadi. Biroq, hozirgi yigʻi faqat sogʻingan yuraklarning emas, balki alamga toʻla qalblarning nidosi ham edikim, buni atrofdagilar anglashmadi. Onaning qalbi ham, qizning qalbi ham faqat oʻzigagina ma’lum gʻam zahridan azoblanib nola qilardi. Agar Manzura qizi boshiga tushgan qora kunlarni bilsami, agar Zaynab akalarining nima sababdan Moskvada qolganlaridan xabar topsami — bu yigʻilar yanada boʻlakcha boʻlar edi.
— Qani, Manzur, fotiha ber, qassob qarab qoldi, — dedi Kesakpolvon ona-bolaning unsiz dil roziga barham berib.

Manzura qizini bagʻridan boʻshatib, yonogʻidagi koʻz yoshlarini kafti bilan artdi-da, Kesakpolvonning kibrli boquvchi xotini, yana «qutlugʻ boʻlsin»ga chiqishgan qoʻshni xotinlar bilan yengil-elpi koʻrishib, oʻng qoʻlida pichoq bilan fotihaga tayyor turgan qassobga, oyoq ostida boʻynini choʻzib, boʻgʻziga pichoq qadalishini kutib yotgan qoʻyga qaradi.
— Qani, ovmiyn! — dedi Kesakpolvon baland ovozda.

Manzura ham fotihaga qoʻl ochib, pichirlaganicha duo qildi. «Ya olamlar Robbisi, oʻzingning roziliging uchun atadik, dargohingda qabul et, har na boʻlganda ham yolgʻiz oʻzingga shukr qilamiz, yolgʻiz oʻzingga sigʻinamiz, yolgʻiz oʻzingdan umidvormiz, yolgʻiz qudrat sohibi oʻzingsan!» demadi. «Ey Tangrim, bolalarimni oʻzing panohingda asra!» deb munojot qildi. Onaning diliga ham, tiliga ham bundan boʻlak iltijoning kelmogʻi mumkin emasdi. Pichirlagan lablardan uchgan qalb nidosini atrofdagilar eshitishmadi. Eshitishlari shart ham emas, chunki tinglovchi ham, duolarni ijobat etuvchi ham Tangri taolodir.

Choʻlponoy ham, Mushtariy ham bu ajabtovur marosimdan gangigan holda, iymanibgina turishardi. Manzura boshga oq roʻmol tashlashni, ostona hatlagach salom berishni ularga tayinlamagan edi. Oq roʻmollar jomadonda, jomadon esa Moskvada. Salom berish va boshqa urflarni Moskvadan uchganda yoʻl-yoʻlakay oʻrgatarman, deb oʻylagan edi, aytish koʻngliga sigʻmadi.

Qoʻy boʻgʻziga pichoq tortilib, qon otilganda Mushtariy choʻchib, «voy!» deb yubordi-yu, yuzini burdi. Bunaqa manzaraga birinchi marta guvoh boʻlayotgan opa-singil hurmat-e’tibor ramzi boʻlmish odatni yovvoyilik, hatto vahshiylik belgisi sifatida qabul qilishib, bir oz koʻngillari ogʻridi.

Mehmonxonaga kirib, toʻkin dasturxon atrofida duo qilishgach, Zaynab onasi bilan koʻz urishtirib olgach, kelin oyilariga imo-ishora qilib oʻrnidan turdi. Qa-yin singillarining maqsadini anglagan kelinlar ijozat soʻraganday Manzuraga qarashdi. Manzura «tura qolinglar» degan ma’noda im qoqib qoʻygach, bir oz hijolat boʻlganlari holda oʻrinlaridan turib, Zaynabga ergashishdi.
— Akamlar aeroportda qolishdimi? — deb soʻradi Zaynab, hovliga chiqishgach.

Kelinlar «xabaringiz yoʻqmi?» degan ma’noda ajablanib qarashdi. Choʻlponoy vaziyatni chigallashtirmaslik maqsadida:
— Maskovinda bir ozlik yumushnida yopmoqliklari lozim oʻlur emish, — deb izoh berdi.

Zaynab shirin lafzda aytilmish bu soʻzlarga yaxshi tushunmasa-da, mulozimat qoidasiga koʻra jilmayib qoʻydi-da, roʻparadagi uy tomon yurdi. «Qaysi biringiz katta kennoyimsiz?» deb soʻrashga iymanib:
— Bu uy Samad akamga, bunisi Hamid akamga atab solingan. Hammomi ham ichida, — dedi. — Kirib chiqasizlarmi?
— Siza choʻx tashakkurlarimiz oʻlsin, Zaynab bo- nu, — Mushtariy shunday deb yuzini Zaynabning yuziga qoʻygan tarzda oʻpdi.
— Tengri taolo sizdan-da rizo oʻlsun, — Choʻlponoy ham shu tarzda oʻpgach, har birlari oʻzlariga atalgan uyga kirishdi.

Manzura Olmoniyada ekanida, hali qaytish fursati ma’lum boʻlmay turib, avval Chuvrindining xotiniga, soʻng Zaynabga qoʻngʻiroq qilgan, kelinlarning uylarini yasatib, kelinlar uchun uch-toʻrt sidra kiyim-bosh olib qoʻyishni tayinlagan edi. Chuvrindining xotini Elchin fojiasidan soʻng gangib yurgan Zaynabni yoniga olib, shu xayrli ishlar bahonasida ovunar degan maqsadda bozorlarga birga tushib, birga harid qilib, uylarni birga yasatgan edi.

Kelinlar uyga kirib ketishgan damda Manzura mehmonxonadagi ayollarga uzr aytib, tashqariga chiqdi. Zaynab bundan quvonib, onasiga yaqinlashdi-da, mahkam quchoqlab oldi.
— Adang qanilar? — deb soʻradi Manzura past ovozda.
— Krasnoyarga ketyapman, dedilar.
— Qachon?
— Bugun.
— Nimaga ketdilar yana, aytmadilarmi?
— Bobomning qabrlariga tosh qoʻyarmishlar.
— Voy Xudoyim, shu shartmidi hozir...

Zaynab aldamadi. Otasidan eshitgan gapni aytdi. Gapi ohangida yolgʻon boʻlmagani sababli Manzura unga ishondi. Asadbekning Moskvaga ketgani kuzatib chiqqan Halimjon bilan Kesakpolvongagina ayon edi. Nima uchun ketgani esa Kesakpolvonning oʻzigagina ma’lum edi.

Dasturxonga shoʻrva suzilgach, telefon jiringladi. Zaynab mehmonxonaga kirib «Kennayim, Mahmud akamning xotinlari...» deb chaqirdi. Onasi ayvonga chiqishi bilan «xabarlari yoʻqdir» degan mulohazada «kennayim azadorlar, shuning uchun kelolmadilar», deb qoʻydi. Manzura goʻshakni qulogʻiga tutib, salomni eshitishi bilan alik oʻrniga koʻngil soʻradi:
— Bandalik ekan, ovsin, ukamni berib qoʻyib- siz, — deb yigʻlamsiradi.
— Qandoq qilamiz, opajon, peshonamiz shu ekan,— degan javob yigʻiga ulandi.

Telefon orqali yigʻi-sigʻi uzoqqa choʻzilmay, Chuvrindining xotini kutib olishga chiqolmaganidan xijolatda ekanini bildirib, erta-indin albatta yoʻqlayajagini ma’lum qildi. Manzura til uchida «Xoʻp, keling, aylanay ovsin», dedi-yu, «Azador xotin chillalik uyga kelmay tursa ham boʻlardi», deb oʻyladi.

Manzura xizmat qilib yurgan Halimjonni chaqirib, soʻyilgan qoʻyning bir sonini olishni, non, noz-ne’matlardan solib tugun qilishni buyurdi-da, yotogʻiga kirib javonni ochdi. Oʻgʻillarining ilgakda osigʻliq turgan koʻylaklaridan bir juftdan olib, yaxshilab taxlab, yaltiroq qogʻozga oʻradi. Soʻng Zaynabga «sen mehmonlarga qara, men hozir kelaman», deb qaynonasi va qaynisi dafn etilgan qabristonga ketdi. Halimjon olib kelgan tugunni goʻrkovlarga berib, oʻzi mashinaga qaytdi. Manzura esa taxta oʻrindiqda uzoq oʻtirib, Yaratganga iltijo qildi.

IV bob

1

Marhumlarning faqat qiyomat qoyim boʻlganida, sur chalingan onda tirilmoqlari ma’lumdir. Shunday boʻlmaganda edi, Fir’avn tirilib kelib Xongireyning qilmishlarini koʻrib, a’yonlari Homon va Qorunga qarardi-da, «Senlar oʻtmish hayotlaringdan koʻp ham kuymalaring. Senlardan battari ham bor ekan. Senlar-ku, meni xudo deb bilib qildilaring barcha gunohlarni. Bu befarosat bola esa oʻzini oʻz olamining xudosi deb fahm etyapti. Men doʻzaxga hukm qilinganman, ammo bu aqli qosir bilan bir oʻtda kuymoqlikdan hazar qilaman», degan boʻlardi.

Fir’avn taqdiridan bexabar oʻnlab, yuzlab, balki minglab, balki undan-da koʻproq bandalar safidagi Xongireyni u dunyoda kutilajak azoblar mutlaqo tashvishga solmas edi. Uning ayni damlarda tashvishi faqat bu dunyoga xos — singan Asadbek oʻrniga oʻzining sodiq vassalini qoʻymoq. Ha, u Asadbekni singan hisoblardi. Qurigan, singan shoxlarni gulxanga tashlab, olovda qoʻllarini isitib rohat olgani kabi Asadbekning jon talvasasidan huzurlanishni istayotgan edi.

Qonundagi oʻgʻri shohsupasida oʻtirgan, ustozi Zelixon tomonidan «Knyaz» deb erkalangan Xongirey qimorbozlarni azaldan yoqtirmas edi. Hali oʻgʻrilar olamida suyagi qotmagan mahallarda sheriklari bilan militsiya libosini kiyib qimorxonalarni besh-olti marta bosgan edi. Omadi kelib katta yutuq olgan qimorbozlarning ham dodini bergan edi. Uning uchun davlat xazinasini urgandan koʻra qimorbozlarning shoʻrini quritish durustroq edi. Chunki qimorboz ahli hukumatga arz-dod qilmagani uchun ta’qib tashvishidan holi edi. Katta qimorbozlar bilan qonundagi oʻgʻrilar orasida sulh mavjud boʻlgani sababli «qonundagilar»ning kattalari Xongireyning tanobini tortib qoʻyishgach, restoran direktorining shoʻrini quritaman deganida oʻzining shoʻrginasi qurib qoldi. Shu holatning asosiy sababchilari qimorbozlar deb bilib ularga nisbatan soʻnmas nafrati yuragiga muhrlandi.

Shundanmi, Xongirey oʻzga oʻgʻrilardan farqli oʻlaroq, qimor oʻynamas edi. Hatto shunchaki havas yoki koʻngil ochar uchun ham qoʻliga qarta olmas, yonidagilar uchun ham qimorga yaqinlashmoqlikni man etgan edi. Oʻjarlik, oʻz ahdida qat’iy turishda unga bas keluvchining topilishi qiyin. Ahdga vafo qilmoq, qat’iylik pokiza qalb egalari uchun yaxshi fazilat sanaladi. Zulm urugʻi nish urgan yuraklar uchun esa ofat eshigining ochilmogʻidir.

Xongireyning bu olamga kirib qolishiga asosiy sabab ham shu oʻjarlik edi.

Qofqazning osmon bilan oʻpishgan yerlarida joylashgan Hamzat ovuli faqat atrofidagi magʻrur choʻqqilari bilan emas, yigitlarining boʻydor, baquvvatligi bilan ham boshqalardan ajralib turardi. Endigina oʻn beshni qoralagan Aftondil esa gavdada ham, abjirlikda ham yigirma yoshlilar bilan baralla bahslasha olardi. Chavandozlikda, kurashda ovulning faxriga aylana borayotgan edi. Mayxoʻrligi tufayli ovulga isnod keltirayotgan odamning oʻgʻli atrof ovullarning ham nazariga tushayotgan paytda shayton gʻoliblik qildi.

Tengsiz chavandoz boʻlib yetishayotgan yigitchaning uyida ot tugul eshak ham yoʻq edi. Aftondil uchun esa bu bir adolatsiz hol edi. Bu nohaqlikka chek qoʻyishga ahd qilgan damda qalbiga zulm oʻrgimchagi hali toʻrini yoymagan edi. Dastlab ahdini halol tarzda amalga oshirmoqqa urindi. Toʻy-hashamdagi poygalarda, kurashlarda gʻolib chiqsa-chiqmasa unga mehrini bogʻlaganlar suyunchi sifatida pul berar edilar. U ana shu pullarni yigʻa boshladi. «Ot boʻlmasa toy olarman», deb niyat qildi. Nazran tomondagi Ingush ovulda bir toyning dovrugʻini eshitib, xaridor boʻlib bordi. Toyning egasi narxni aytganida Aftondilning kapalagi uchib ketdi: toʻplagan puli toyning bitta tuyogʻiga arang yetardi. U toyning qimmatini taxminan chamalab koʻrgan, ammo zotdor toyning bu qadar qimmat boʻlishini hisobga olmagan edi. Oʻjar, magʻrur, ayni damda soddadil yigitcha «hozircha shu pulni ola turing, qolganini ke-yinroq olib kelib beraman», dedi. Toyning egasi bu soddalikdan kulib, «boʻlmaydi, inim», deb qoʻya qolsa boʻlardi. Ammo u hazillashib «bu pulingga eshak olib mina qol» deb magʻrur yigitchaning izzat-nafsiga tegib qoʻydi.

Xudo urganni, banda ham turtib oʻtadi, deyishlari rost ekan. Nazrandagi Ingush ovuldan alam bilan qayt-gan Aftondilning gʻam daryosi ikki kundan soʻng toshgandan toshib ketdi: otasi pulni oʻgʻirlab olib, sheriklari bilan boʻkib ichibdi. Aftondil har qancha alamda boʻlsa-da, otasiga qarshi gapirmadi — haddida turdi, magʻrur togʻliklar urfini buzmadi. Aytilishi lozim boʻlgan gaplarni onasi aytdi: «Bu kuningizdan oʻlganingiz ming marta yaxshi. Oʻgʻlingiz ot olmoqchi edi bu pulga, sizda insof degan narsa bormi?! Kecha Naz-ranga borganida puli yetmagan ekan, tamom quritdingiz-ku endi!» dedi. Kayfi hali tarqamagan otasi esa qoʻl siltab «Erkak odam pulim yetmadi, deb oʻtiraveradimi, yoqqan boʻlsa minib kelavermaydimi? Bitta ingushning toyini tortib ololmagan chechen — chechenmi», deb mingʻirladi. Shunchaki aytilgan gap Aftondilning qulogʻiga oʻrnashib qoldi. Ertasiga esa otasining kayf aralash aytganlari haq gapga aylandi. Eshak sotib olib minishni maslahat berib haqoratlagan odamni jazolashi kerak edi. Otasining aytganini amalga oshirishni paysalga solmadi. Nazranga toy minib kelish qasdida joʻnadi-yu... uyiga bir yarim yilda qaytdi. Toy minib emas, «ot oʻgʻrisi» degan la’nat tamgʻasi bilan qaytdi. Endi uning kurash maydoni ham, poyga maydoni ham oʻzgardi. Ozodlikdagi kunlari bir yilga bormadi. Bir doʻkonni bosaman, deganda sakkiz yilga ketvordi. Yoshi oʻn sakkizga yetguniga qadar oʻsmirlar axloq tuzatish lagerida boʻlib, soʻng Pskovdagi kattalar qamoqxonasiga koʻchirildi. Axloq tuzatishi lozim boʻlgan yerda oʻgʻirlik bobidagi chala ilmini ancha toʻldirgan edi. Pskovga kelib esa, «oliy ma’lumot» ola boshladi. Bu «oliy ma’lumot»ni «akademik» laqabi bilan mashhur Zelixon berdi. Keyinchalik «qonundagi oʻgʻri» tojini kiyishi ham aynan shu ustozining tavsiyasi bilan amalga oshdi. « Aftondil» ismining «Xongirey»ga aylanishi ham uning istagi bilan boʻldi.

yoqmadi. Yigitni sinab, hunarini oʻrgatgach, bir kuni:
— Sen balchiqda tugʻilganmisan? — deb soʻradi.
— Men togʻliman! — dedi Aftondil gʻurur bilan.
— Togʻda qoʻngʻiz ham tugʻiladi, burgut ham, — dedi Zelixon. — Sen burgut boʻla olarmikansan?
— Men burgutman! — dedi u ishonch bilan.
— Unda nima uchun shuncha yildan beri «zuluk» degan past nomni ortmoqlab yuribsan. Burgut boʻla olsang, nimaga chang solishni bilib ol: quzgʻunga oʻxshab oʻlaksa ovlama. Zulukning vazifasi nima, bilasanmi? Bilmasang bilib ol: u harom qonni soʻradi. Harom qon soʻruvchi zuluk bilan oʻlaksa yeyuvchi quzgʻunning nima farqi bor? Sen laqabingni oʻzgartir. Zuluk degan nomdan or qilmaganingga hayronman.

Chindan ham or qilmagan edi. Bu dashnomdan soʻng izza chekdi.
— Men senga Xongirey deb nom beraman. Men Xongireevlar nasabidanman. Sen ham Girey xonlar singari bu olamning zoʻri boʻl, xoni boʻl!

Aftondil — Xongirey Oltin oʻrdaga boʻyunsinmay, Qrim xonligiga asos solgan Girey xonlari sulolasini, ularning yevropaga dahshat solganlarini, Davlat Gireyning esa Moskvaning dodini berganini bilmas edi. Buni Zelixon ham yaxshi bilmas edi. Shubhasizki, shogirdining Davlat Girey izidan borib, Moskvaga in qoʻyishini, Moskvaning zoʻrlaridan biriga aylanishini oʻylab ham koʻrmagan edi.

Aftondilga ustozining bittagina gapi kifoya qil-di — oʻshandan beri u Xongirey. Ammo nomi oʻzgargani bilan fe’li aslicha qolaverdi. Harom-xarishning, oʻlaksaning farqiga bormay yashayverdi. Zelixon vaqti-vaqti bilan unga dashnom berib turardi. Xongirey ustozining dashnomlarini indamaygina eshitardi, boshini egardi, keyin esa yana oʻz yoʻlida davom etaverardi. U garchi «Togʻlikman!» deb gʻururlansa ham, burgutman, deb kerilsa ham, ustoziga xiyonat qilishga majbur boʻldi: Zelixonni oxirigacha himoya qila olmadi. Oʻz jonini garovga qoʻyib ustozini saqlab qolmogʻi mumkin edi, ammo bunday qilmadi, yuragini moy kabi oʻragan xudbinlik bunga yoʻl qoʻymadi.

Birinchi xiyonatni koʻpchilik sezmay ham qoldi. Zelixon oʻldirilgach, uning ruhiga ham xiyonat qildiki, buni boshqalar ham payqashdi. Birinchi galda Baygildin fahmladi. Baygildin oʻsha Pskovdagi qamoqda Xongireyni Zelixondan «qabul qilib olgan» oʻgʻri edi. Banklar boʻyicha «mutaxassis» hisoblangan Baygildin qamoqdan keyin ham Xongirey bilan birga boʻldi. Mustaqil ishlashni yoqtirmaydigan Baygildin oqibatda Xongireyning oʻng qoʻliga aylandi.

Mayda oʻgʻirliklar barham topib, Xongirey qulochini kattaroq ota boshlaganda Baygildinga ish ham qolmadi. Ammo Xongirey uni yolgʻizlatmadi, Baygildin «maslahatchi» martabasida yuraverdi. Baygildin beradigan maslahatlari havoga uchib ketishini, Xongirey oʻz bilganidan qolmasligini bilsa ham uni tashlab ketmadi.

Shogirdning Asadbekka osilayotganini fahmlagan Baygildin avvaliga indamadi. Asadbekning oʻgʻillari hibsga olinganidan soʻnggina aralashmoqlikni ma’qul koʻrdi.

Mamatbey kirib Asadbekning oʻgʻillari rayon militsiyasining qamoqxonasida oʻtirishganini ma’lum qilgach:
— Kelishganimizdek, ertagacha kutamiz. Asad kelsa keldi, kelmasa oʻgʻillarini Lefortovoga oʻtkazib yuboraveramizmi?
— Shoshilma,— dedi Xongirey esnab, — sen oʻzbeklarni yaxshi bilmaysan. Oʻlar joyda boʻlsa ham yetib keladi. Oʻzbekning koʻziga joni emas, bolasi koʻrinadi. Mening koʻnglim toʻq. Shu bir-ikki kun ichida Asadning masalasi hal boʻladi.
— Oʻgʻillaridan qaysi biri?..
— Aytuvdim-ku? Boʻshangrogʻi qolsin, otasiga oʻxshaganini tinchitasan.
— Bittasi aeroportda gʻalva koʻtardi. Jangariroq ekan.
— Ana, hukm tayin ekan-ku? — Xongirey bu safar obdon kerishib, esnadi. — Nima balo, lanjlik tarqamayapti-ku?
— Konyak quyaymi? — dedi Mamatbey oʻrnidan turib.
— Yoʻq, sen chiqib ayt, achchiq qahva berishsin.

Mamatbey eshikni qiya ochib buyruqni yetkazgach, yana Baygildin yoniga oʻtirdi.
— Xon, — dedi Baygildin, — Sen Zelyani unutdingmi?

Xongirey unga qarab qoʻydi-yu, javob bermadi. Baygildin ham javobga mushtoq boʻlmagan odamday boshqa gap qoʻshmadi. Savol Xongireyga yoqmadimi, demak javobdan umid qilmaslik kerak. Savolni ikkinchi bor qaytarmoqqa hojat ham yoʻq.

Oʻn oltidan endigina oshgan durkun qiz ishva bilan olib kirgan qahvadan uch-toʻrt xoʻplagach, Xongirey ustoziga qaradi.
— Oʻzbeklarga qoʻl koʻtarishga haqqim yoʻqligini bilaman. Chechenlarga non berganlarga qoʻl koʻtarsam, Zeli ogʻamning ruhi chirqiraydi, shuni aytmoqchimisiz?

Bu gap Mamatbeyga ma’lum edi, shu bois hojasini quvvatladi:
— Ular oʻyin qoidasini buzdilar, jazosiz qoldirib boʻlmaydi.
— Sen toʻgʻri gapir, jazolamaymiz, tarbiya qilamiz, — Xongirey shunday deb oyoqlarini pastqam stol ustiga qoʻyib, chalishtirib oldi.

Baygildin shogirdining oʻzi tomon uzatilgan oyoqlariga e’tibor bermadi, koʻngli ham ogʻrimadi. Odob degan tushunchadan yiroq boʻlgan olam uchun bunday oʻtirish nima ekan, agar Xongirey shu tomon qarab tahorat ushatsa ham parvoyiga kelmagan boʻlardi. Chunki bunda yosh emas, martaba muhimroq.

Baygildin shogirdini ogohlantirish bilan vazifasini ado etgan hisoblab, gapni chuvalashtirmadi. Xongirey esa oʻng bilagidagi soatga qarab, yana esnadi-da:
— Ponchikni soat nechaga aytgansan? — deb soʻradi.
— Vaqt boʻldi, kelgandir, — dedi Mamatbey.
— Qara, kelgan boʻlsa chaqir.

Mamatbey yana oʻrnidan turib, eshikni ochdi-da, amr-ga mahtal turgan yigitga imlagach, yana joyiga qaytdi. Dam oʻtmay eshik baralla ochilib, ostonada Selim koʻrindi.
— Selim, bormisan, orqadoshim! — dedi Xongirey oʻtirgan yerida.

Selim salom berdi-da, gavdasiga yarashmagan holda tez-tez yurib kelib, soʻrashish uchun uzatilgan qoʻlni oʻpib, koʻziga surtdi. Bu qiliq ma’qul kelib, Xongirey oʻzini chin xon kabi his qilib jilmaydi-da, Selimga yonidan joy koʻrsatdi.
— Qaerlarda tentirab yuribsan? — deb soʻradi u Selim oʻtirgach, yelkasiga qoʻlini tashlab. — Qorabogʻda eding, Bokuga koʻchibsanmi?
— Ha, endi... — Selim aybdor boladay boshini egdi. — Qorabogʻdagi qarindoshlarni qora tortib boruvdim, u yerning tinchi ham buzildi... Boku tinchroq bizga.
— Sen qaerga borsang, gʻalva chiqyapti, nima balo shumqadammisan? — Xongirey shunday deb kuldi. Mamatbey hojasining koʻngli uchun tirjaydi. Dam sigaret tutatib, dam qahva hoʻplayotgan Baygildin esa bu gaplarni eshitmaganday jimgina oʻtiraverdi.
— Sen nima uchun Hosil bilan chiqishmay qolgan eding? — deb soʻradi Xongirey jiddiylashib. — Otang-dan qolgan molingni talashdingmi?
— U narxni past oldi, bizga tiyin ham qolmadi.
— Hosil mening odamim-ku?
— Buni bilmabman.
— Sen mentlarga xizmat qildingmi?
— Yoʻq. — Selim shunday dedi-yu, ichida nimadir uzilganday boʻldi.
— Zeli ogʻam seni nima uchun doʻpposladi?
— Tushunmovchilik boʻlgan...
— Zeli ogʻamni oʻldirishdi. Uning oʻlimi sening boʻyningda. — Xongirey shunday deb Selimning boʻyniga uch-toʻrt shapatiladi. — Sening har bir tomiringni bitta-bitta kesib tashlasam ham xumordan chiqmayman. Boʻri oʻlibdi, eshitgandirsan?
— Yoʻq...
— Laqillatma, eshitgansan. Sen har bir baloni bilasan. Sen titrama, ponchik. Nima balo, ishtoningni hoʻl qilib qoʻydingmi, tur, chiqib almashtirib kel. Mamatbey bunga loyiq ishtoning bormi? Xotinlarniki ham boʻlaveradi. Buning erkakka oʻxshamay qolibdi. Oʻzingni tut, shu yurak bilan Hosilga osildingmi? — Xongirey shunday deb uni yelkasiga yengil mushtladi. — Seni oʻldirmayman. Bir qop goʻshtning jonini sugʻurib olsam isnodga qolaman. Sen hozir koʻch-koʻroningni koʻtarasanu Oʻzbekistonga qaytasan.
— Nega?
— Kokoin bilan shugʻullanasan.
— Kim bilan... ishlayman? Yana Hosil bilanmi?

Xongirey «Hosilning oʻlimini rostdan ham bilmaysanmi?» deganday unga tikildi:
— Har holda Iliko bilan emas...

Bu gapdan soʻng Selim rostdan ham ishtonini hoʻl qilay dedi. Fargʻonada ekanida, hali Zelixonning tepkisini yemay turib, «Boʻri» — Fedyaning yoʻrigʻiga yurmasidan avval gʻilay Shomil uni siquvga olganida «Iliko bilan maslahatlashaychi...» deb, kimga suyanajagini ishora qilib qoʻygan edi. Hosilning Xongirey bilan aloqasi borligini bilganda bu gapni zinhor aytmagan boʻlardi.
— Iliko bilan... aloqam yoʻq, — dedi Selim titroq tovushda. — Menga osilavermasin, deb shunchaki aytuvdim.
— Bilaman, — dedi Xongirey, — Iliko sen bilan ishlaydigan ahmoq emas. Ikki qulogʻingga quyib ol: Oʻzbekiston meniki. U yerga bir-ikki ishonchli odam kerak. Aloqalaringni yoʻqotmagandirsan, a?
— Bor... siz bilan ishlash biz uchun baxt.
— Tilyogʻlamalik qilma. Men bilan ishlagan odam hech qachon baxtli boʻlmaydi. Sen Oʻzbekistonga boraver, nima qilishingni keyin aytaman.
— Men avval oʻzim borib, joy-poy qilsam...
— Ha, albatta, bir oʻzing borasan. Oilang esa Moskvada turadi. Sen u yerda boshqaga uylanib, maisha-tingni qilaver. Mamatbey, buning oʻynashlaridan xabar olib keldingmi?

Mamatbey bosh barmogʻini koʻrsatib, «Zoʻr!» degan ishorani qilganicha ishshaydi. Selim esa oilasi garovda ekanini anglab zil ketdi.
— Balki Bokuda... — deb gap boshlagan edi, Xongirey unga oʻqraydi.
— Galvars! Odamlar Moskvada yashashga yetisholmaydilaru sen noz qilasanmi? Agar halol ishlasang, uch yildan soʻng ana u yerda, — Xongirey ustozi oʻtirgan yerni imlab koʻrsatdi, — oʻtirasan.

Xongirey shu gapni aytgach, Selim masala hal boʻlganini anglab, oʻrnidan turdi. Ostonaga yetay deganida Xongirey uni toʻxtatdi:
— Hosildan qoʻrqma, u ham oʻlgan.

Selim bu xabarni endi eshitganday, Xongireyga ajablanib qaradi. Xongirey boshqa gapirmadi. Ichida «Ha, tulki!» deb qoʻyib soʻkindi.

Bir necha soatdan soʻng Kesakpolvon qoʻngʻiroq qilib, Asadbekning Moskvaga qarab uchganini bildirdi.

2

Bu voqeadan toʻrt kun avval Asadbek Chuvrindining janozasidan soʻng eski uyiga kelib oʻtirganida Xongirey Moskvadan salkam ikki yuz chaqirim narida joylashgan Shaxovskoy deb nomlanuvchi oʻrmon bagʻrida barpo etilgan qarorgohida maishat qilib yotardi. Chuvrindining oʻlimi xususidagi Kesakpolvonning xabari unga aynan shu yerga yetkazilgandi. Oʻshanda Xongirey xushxabarni aytgan Mamatbeydan:
— Asadbekning oʻgʻillari Germaniyada edimi?— deb soʻrab, savoliga javob kutmayoq amr etgan edi: — Xabar olchi, har holda qadrdonimning bolalari, uyiga qaytadigan boʻlishsa, Moskvada uch-toʻrt kun mehmon qilaylik.

Ularni qanday kutib olish, qanday mehmon qilish rejasi aynan oʻsha yerda, oʻsha damda pishib yetilgan edi. Yovlashib qolgan ikki odamning biri otasidan qolgan eski uyida, bolalik chogʻida basharasiga tuflab, xalq dushmani oʻgʻliga nafratini izhor etgan doʻstlari uchun osh damlatib oʻtirardi. Doʻstlarini kutayotgan Asadbekning xayoli bolalik xotiralari bilan emas, balki ukasiday qadrdon boʻlib qolgan Chuvrindining halokati bilan band edi.

Shaxovskoydagi qarorgohda esa Xongirey shoxona dasturxon tuzab, oʻgʻrilar olamiga kirib topgan Kats, Yaponchik, Tengiz, Jamal, Mixas, Karo, Yakutyonok kabi laqablar bilan nom chiqargan doʻstlarini kutayotgan edi. Mazkur maishat Kozlov saltanatining barbod etilgani suyunchisi edi. Xongirey shu ziyofat bahonasida Oʻzbekistonda ham toʻla nazorat oʻrnata boshlaganini ma’lum qilib, «senlar u tomonlarga burinlaringni tiqmalaring», deb ishora qilib qoʻymoqchi edi.

Xudodan qaytibdi... Zaynab oʻgʻirlanganida Jalil tomonidan aytilgan bu gap unutilmay, yuragini sich-qon kabi kemirib yotgan edi. Hozir oʻsha ogʻizdan chiqqan oʻsha gap xonada momaqaldiroq singari guldiragandek boʻldi. Asadbekning boshiga gurzi kabi urilib, tovoniga qadar zirillatdi.

«Xudodan qaytibdi?.. Meni gapiryaptimi?» Asadbek shu xavotir bilan oʻrtoqlariga qaradi. Jalil uning boqishiga e’tibor bermay ayni kunlarda ezilayotgan oqsoqolning bir vaqtlar otasini qanday xorlaganini gapira boshlagan edi. Asadbek suhbat mavzuini qisman anglagan boʻlsa-da, boshiga toʻqmoq kabi urilgan gapning zahridan qutula olmadi.

Xudodan qaytibdi... Asadbek oʻshanda «Mening maishat qilganimni koʻrdingmi?» deb baland kelishga urinsa-da, faqat oʻzigaginayu Ollohga ma’lum qiliqlarini eslab, bu haq gap oldida taslim boʻlgan edi. Ana shu taslimlik oʻshandan beri azob berardi. Jalilning hozirgi gapi boshqa odamga tegishli boʻlgani bilan uning yarasini yangiladi.

Xudodan qaytishi...

Zaynabning qismati, Mahmudning oʻlimi... Yana Xudo nimalarni qaytarib, boshiga solar ekan?..

Osh yeyilib, bir piyoladan choy ichildi-yu, doʻstlar davrasi ortiqcha lutfsiz tarqaldi. Shundan soʻng Asadbek ham oʻrnidan turdi.
— Uyingga borasanmi? — deb soʻradi Jalil undan.
— Seni olib borib qoʻyishadi, — dedi Asadbek toʻgʻri javobdan boʻyin tovlab.

Jalil bu gapdan «Borar yerim bilan ishing boʻlmasin», degan ma’noni uqib:
— Avtobusda ketaveraman, onam meni mashinada tugʻmaganlar, — dedi.

Asadbek yana toʻngʻillab qolishning oldini olish maqsadida hazil ohangida:
— Seni oying garmdorining ustiga tuqqanlar, — dedi.

Bir nima deb javob qaytarishga Jalilning tili qichidi-yu, ammo doʻstining ahvolini inobatga olib, oʻzini tiydi.

Asadbek uyiga qaytmadi, Chuvrindinikiga bordi. Shom kirib, xassakashlardan boʻlak odamlar tarqalishgan edi. Asadbek mashinadan tushmay turiboq, atrofga qarab Kesakpolvonni qidirdi. Hovliga, undan mehmonxonaga kirganida ham nigohi uni izladi. Mushtoqligi uchun emas, aksincha koʻrgisi kelmayotgani uchun ham qidirdi. Jalil «oshnam ukasining oʻlimidan ezilib ketdi, shuning uchun janozadan soʻng azador xonadonga borgisi kelmadi», deb oʻylab bir oz yanglishdi. Toʻgʻri, ezildi. Biroq Chuvrindining uyiga kelishidan tiyilishiga asosiy sabab Kesakpolvonga roʻpara kelish qoʻrquvi edi. Ha, aynan qoʻrquvi edi. U oʻzini tutolmay a’yoniga tashlanib qolishdan choʻchirdi.

Asadbek Kesakpolvonga qabr tepasida turib «yuragimga tupurding» degan gapini aniq ishonchga emas, gumonga suyanib aytgan edi. Falokat tasodifan yuz berdimi yo birov atayin uyushtirdimi, Asadbek aniq bilmasdi. U hayoti davomida katta-kichik falokatu fojialarga koʻp duch keldi. Ana shu hayotiy tajriba unda «hech qanday ish tasodifan yuz bermaydi» degan aqidaga ishontirib qoʻygan edi. Shu bois ham «mashinasi tasodifan toʻqnashib ketibdi» degan fikrni chetlab oʻtdi. Keyinroq «yarim kechada bu koʻchada «KamAZ» nima qiladi, bu hecham tasodif emas», deb aqidasiga sodiq qoldi.

Fojea haqidagi xabarni eshitib to Chuvrindining uyiga kelgunicha turli gumonlarni haqiqat tarozusi pallalariga qoʻyib koʻrdi. Unga dadil qarshi chiqishi mumkin boʻlgan Hosilning jasadini allaqachon lahad qurtlari yeb ado etgandir. Shomilning tanasiz boshi ham necha qurtlarga ozuqa boʻlgandir. Hosilning boshqa yigitlari bunday ishga jazm eta olmas. Unda kim?

Bu savolga Kesakpolvonning koʻzlari javob berganday boʻldi. Kesakpolvon Asadbekni tili bilan aldashga koʻp uringan, lekin har safar koʻzlari pand berib qoʻyardi. Asadbek buni bolalik yillari maktabda pero oʻgʻirlash voqeasidayoq kashf etgan edi. Oʻqituvchi «Haydar, sen-chi, tupurmaysanmi?» deganida Asadbek bilan uning nigohi toʻqnashgan, oʻshanda Haydar koʻzlarini olib qochib, oʻgʻirligini fosh etib qoʻygan edi. Oʻshanda Asadbek «oʻzim koʻrdim, sen oʻgʻirlading», degan yolgʻon gapini uning qarashidagi ana shu xavotirlikka asoslanib aytgandi.

Erta tongda Chuvrindining hovlisiga qadam bosib kirganida roʻparasida Kesakpolvon paydo boʻldi. Roʻpara boʻldi-yu, yaqin kishisidan ayrilgan odamning dardi, qaygʻusi bilan emas, aybli kishining xavotirli nigohi bilan qaradi. «Asad, Mahmudjondan ayrilib qoldik», dedi uning titroq lablari. Ammo nigohi «ajal ukaxonimizni yulib oldi», deb faryod urmadi. Aksincha, Asadbekning savol zuhurlangan tik qarashiga dosh berolmay, «kechir meni, bilmay qilib qoʻydim bu ishni» deganday boʻldi.

Asadbek bu ikki a’yon orasidan gap qochar, taxt talashar, oqibatda kelishib olishar, deb oʻylardi. Biroq, bir-birini oʻldirib yuborar degan fikrdan yiroq edi. Ayniqsa Kesakpolvon oʻzi topgan, oʻzi tarbiya qilgan odamni oʻzi yakson qilar, deb kutmagan edi.

Chuvrindining hovlisida toʻqnashgan nigohlar oqibatida tugʻilgan gumon Kesakpolvonni ta’qib eta boshladi. Chuvrindining oʻgʻli «chaqirtirgan ekansiz», degach, bu gumon haqiqatga aylana bordi. Ana shu haqiqat ma’lum nuqtaga yetgach portlashi mumkin edi. Asadbek aynan shuni istamadi. Qabr tepasida turib a’yonini haydagan boʻlsa-da, keyinroq «ishqilib adashgan boʻla-yin, ishqilib boshqa odam boʻlsin», deb umid qildi. Chuvrindining oʻlimi uni zaharli oʻq bilan yaraladi. Asadbek «qachondir kimdir meni oʻldirib ketar, oʻz ajalim bilan oʻlmasam kerak», deb xayol qilardi. Oxirgi oylarda Hosil boyvachchadan xavotirlanardi. Agar xavotiri chinga aylansa, Hosil otsa yoki soʻysa unchalik alam qilmas edi. Agar hozirgi gumoni toʻgʻri chiqquday boʻlsa, alamga chidolmas, jonini shu alam panjasi sugʻurib olar...

Asadbek Chuvrindining uyida Kesakpolvonni uchratmagach, bir oz yengil tin oldi. Xizmat qilib charchagan yigitlar Asadbekni mehmonxona ostonasi qadar kuzatib, oʻzlari yon tomondagi xona tomon yurdilar. Mehmonxonaga avval Chuvrindining katta oʻgʻli, saldan soʻng boshiga qora roʻmol tashlagan xotini kirdi. Ona-bola «janozadan keyin koʻrinmay qoldingiz, tinchlikmi?» deb soʻrashmadi, Asadbek ham uzr aytishni lozim topmadi. Bir necha fursat bir-birlariga qarashga botinmay jim oʻtirdilar. Asadbek soʻz aytish avval oʻzidan lozim ekanini bilardi. Hammaning tilidan birday uchadigan «bandalik...» dan boshlasinmi?

Asadbek soʻz boshlashga qiynalib oʻtirganida ayollarning besabrlik odatiga sodiq qolgan kelin (Chuvrindining xotinini u chin kelinlik martabasida koʻrar edi) tilga kirdi:
— Mulla aka, qishloqda togʻalari bor ekan, ayttirsakmikin?

Savol kelini tomonidan berilgan boʻlsa-da, Asadbek unga javob qaytarish oʻrniga jiyan martabasidagi Chuvrindining oʻgʻliga qarab soʻradi:
— Ilgari bordi-keldi qilarmidilaring?
— Yoʻq, — dedi jiyan «toʻgʻri javob beryapmanmi?» degan ma’noda onasiga qarab olib, soʻng dadilroq ohang-da qoʻshib qoʻydi: — Biz ularni tanimaymiz.
— Tanimasalaring nima qilasanlar xabarlab. Tirigida yaramagan togʻa endi kelib tiriltirib berarmidi. Mehrga arziydigan odam boʻlsa, Mahmudning oʻzi oqibat qilardi. Endi gap bunday, Umidjon bolam, adang rahmatli yetimlikda katta boʻlgan edi. Sen «mening ham peshonam shu ekan», deb siqilma. Sen meni «opoq dada» deb katta boʻlding. Oʻlgunimcha senga ham, ukalaringga ham dadaman.
— Mulla aka, sizning tani-joningiz sogʻ boʻlsin. Sizdan boshqa bizning yana kimimiz bor? Bola-chaqangizning rohatini koʻring. Fotihaga kelayotganlarga yigirmaning qachon boʻlishini aytib qoʻysakmikin?

Asadbek bu safar ham jiyaniga qarab javob berdi:
— Bularni oʻylamalaring. Qachon, qaerda, nima qilishini oʻzimiz bilamiz. Umidjon bolam, sen adanglarning tsexlariga borib turarmiding?
— Ha...— Yigit bu safar ham onasiga aybli odamning nigohi bilan qarab oldi.
— Uch kun bu yerda turgin-da, keyin ishga qara. Adang-ning ishlarini endi oʻzing yurgʻizasan.
— Mulla aka, — kelin murojaat etishga etib qoʻyib, fikrini bayon qilmoqqa ikkilanganicha past ovozda dedi: — Oʻgʻlingiz oʻqishini tiklab, davom ettirsamikin, devdik. Ukangiz bilan ham maslahatimiz shunaqa boʻluvdi. Oʻgʻlingiz bir esi yoʻqlik qilibmi tashlovdi oʻqishini, endi oʻzi ham pushaymon, «oʻqiyman», deyapti, opoq dadasi. Yana... Umidjon oʻgʻlingiz yosh... bu ishlarni eplolmaydi.

Buralgan tarzda bayon qilingan fikrga yashirilgan maqsadni Asadbek angladi.

Bu ayol eri bajaradigan barcha ishlarni aniq bilmasa-da, odamlarning gap-soʻzlariga ishonib, taxmin qilardi. Lazzatli kelinlik olamiga kirgan dastlabki haftalar, oylar, yillarda erining uyga qaytishini xavotir bilan kutib, tuni bilan Manzura kabi joynamoz ustida oʻtirishni odat qilmagan, lekin ajinadan qoʻrqqan qizaloq kabi hadiksirab kun oʻtkazardi. Garchi shu olamning noz-ne’matlaridan bahramandlikda yashasa-da, farzandlarining boshqa bexavotir olam fuqarolari boʻlishlarini istardi. Bu jihatdan uning niyati Manzuraning, nafaqat Manzuraning, hatto Asadbekning umidlari bilan uyqash edi. Shu sababli ham Asadbek gapning zamiridagi ma’noni darrov uqdi. Uqdi-yu, biroq, achchiqlanmadi, «noshukr ekansan!» deb gʻazablanmadi. Aksincha bu taklifni xotirjamlik bilan qabul qildi:
— Oʻqiydi, oʻqimaganiga qoʻymayman. Mahmud menga ham «oʻqishini tiklataman», devdi...

Asadbek bu gapning yolgʻonligini bildirib qoʻymaslik uchun xuddi rost gapirayotgan odam kabi ona-bolaga bir-bir tik qarab oldi. Toʻgʻri, Chuvrindi oʻgʻlining oʻqishidan gap ochgan edi. Faqat hozir Asadbek aytgan tarzda emas, balki «Bek aka, sizning oʻgʻillaringizga havasim keladi. Umidjonimda oʻqishga sira toqat yoʻq. Bolaligidan shunaqa. Kitob oʻqi, desam yigʻlardi. Endi-ku «oʻqimayman» deb dangal aytdi. Oʻqimasa oʻqimas. Lekin bitta diplom toʻgʻirlab qoʻysammikin», degan edi. Hozir Asadbek «oʻqimaganiga qoʻymayman» deganda oʻsha «diplom toʻgʻirlash»ni nazarda tutdi. Bir ozlik sukutdan soʻng u fikrini davom ettirdi:
— Oʻzimning bolalarimni oʻqitib, senikilarni koʻchaga tashlab qoʻyamanmi? Sen aytmasang ham oʻqitaman. Xotirjam boʻl, bolalaringning hammasi oʻqiydi. «Hohlamayman» deydiganini ham tinch qoʻymayman.

Xizmat qilib yurgan Xumkalla uchta kosa qoʻyilgan patnisni koʻtarib kirib, ularning gaplari uzildi.
— Kennayi, qoʻshnilardan qaynoq moshxoʻrda chiqdi. Bek aka, siznikini qatiqlamadim-a?

Xumkalla shunday deb kosalarni dasturxon ustiga qoʻyayotganida kelin yuziga ohistagina fotiha tortib, oʻrnidan turdi-da, «Men ichkarida icha qolaman», deb eshik tomon yurdi.
— Kennayi, siznikini olaveraymi boʻlmasa? — Xumkalla shunday deb bitta kosani patnis ustiga qoʻyib, iziga qaytdi.

Chuvrindining oʻgʻli Xumkalla kirishidan to chiqquniga qadar unga gʻalati qarash bilan qaradi. Asadbek buni sezib, u ham Xumkallaga tikildi. Tikildi-yu, unda sarosima yoki dovdirash holatini ilgʻamadi. Koʻproq Chuvrindi bilan birga boʻluvchi Xumkallaning fe’lini, qiliqlarini yaxshi bilmagani uchun ham Asadbek hech nima sezmadi.

Asadbek ota uyidagi palovxoʻrlikda Jalilning zoʻri bilan uch-toʻrt qoshiq osh yegan edi. Boshqa payt boʻlganida balki taomning hidi nafsni qitiqlab uygʻotardi. Ammo bir necha soat oldin oʻlik chiqqan uyda nafs uygʻona olmadi. Asadbek koʻngil uchun qoʻliga qoshiq oldi-da, ovqatga botirib aylantirdi.
— Ich bolam, sovutma, — dedi mehribonlik bilan.

Chuvrindining oʻgʻli ham koʻngil uchun bir qoshiq ichib opoq dadasiga qarab oldi.
— Kechasi telefon qilgan odamning ovozini tanidingmi? — deb soʻradi Asadbek, kosani sal nari surib. — Men adanglarni chaqirmagan edim. Bu gap oramizda qolsin. Ayangga ham aytma. Ovozni kimga oʻxshatding?

Umid yelka qisib, yerga qaradi.
— Aytaver, qoʻrqma. Bu tasodifga oʻxshamayapti. Agar adanglarni... oʻldirishgan boʻlsa... unda sen... ularni oʻldirasan. Ketgan kelarkan, ketmonlagan qaytib kelmas ekan. Men bu ishning tagiga yetaman. Gʻalamisni topib oʻldirmasak, adanglar bizdan rozi boʻlmaydi. Hayot shunaqa, Umidjon bolam, erkak odam qasos uchun yaralgan.

Asadbek hayot haqidagi, yaralish va oʻlim toʻgʻrisidagi, mehr va zulm xususidagi oʻz dunyoqarashi, oʻz xulosalariga tayanib aytdi bu gaplarni. U «al qasosul minal Haq» — «qasos Haqdandir» degan haqiqatning ma’nosiga yetmas edi. Asadbekday odam bu haqiqat magʻzini chaqolmasa hayotning achchiq mevasini endigina totgan bu yigit nima desin? Yarim tunda otasining oʻlimi haqidagi xabarni eshitiboq «adamni oʻldirishibdi», degan xayolga bandi boʻlib qolgan yigitga Asadbekning hozirgi gaplari qanot berdi. U otasining murdasi uyga olib kelinib, gʻassolning qoʻliga topshirilgunicha ham, Yerga topshirilib, to fotihachilar oyogʻi uzilgunicha ham «Kim oʻldirdi?» degan savolga javob topmoq istadi. Koʻngil soʻrovchilarning aksari uning koʻziga qotil boʻlib koʻrindi ham. «Bandalik...» degan soʻzlari yigitning qulogʻiga «Bopladik...» deganday eshitildi. Hatto... «opoq dada» deb erkalab mehr qoʻygani Asadbek ham bu roʻyxatga bir kirib chiqdi.

Hozir opoq dadasining dardli ohangdagi gaplarini eshita turib undan gumonsiragani uchun uyaldi.
— Ota-bobolarimiz hamisha shunday qilishgan, — dedi Asadbek. — Biz ham shunday qilamiz. Agar sen bilan men eplay olmasak, ukalaring ulgʻayganida oʻldirishadi u palidni. Agar ukalaring katta boʻlgunicha u oʻlib qolsa, iflosligi uchun bolalari javob beradi. Hukm shu. Boshqacha boʻlishi mumkin emas. Endi ayt, ovozni tanidingmi? — Umiddan sado chiqavermagach, Asadbek uning hozirgi qarashiga asoslanib — Xumkalla emasmi? — deb soʻradi.

Umid opoq dadasiga bir qarab oldi-yu, ishonchsizlik bilan bosh irgʻadi.
— Boʻpti, birovga ogʻiz ochma. Sen qarashingdan gumoningni sezdirib qoʻyyapsan. Chaqirgan Xumkalla boʻlsa, chaqirtirgan kim? Bu yogʻiga aralashmay turasan.

Bolaning tashqi koʻrinishi otaga oʻxshagani bilan fe’li hamisha ham bir xil boʻlavermaydi. Umidning boʻy-basti otasiga tortsa-da, qiziqqonligi oʻxshamasdi. Yosh yigitlardan vazminlik, chuqur mulohaza yuritishni talab qilishning oʻzi toʻgʻri emas. Qiziqqonlik barcha yoshlarga xos. Vaqti kelib, bosh turli devorlarga urilib, koʻzi ochilgach, unda oʻsha vazminlik, sermulohazalilik oʻz-oʻzidan uygʻonadi. Xudo umrini bersa, balki Umid ham otasi kabi boʻlar, vallohi a’lam.

Hozir esa... Agar hozir Asadbek «toʻgʻri fahmlabsan, otangni shu oʻldirgan» desa, oʻylamay-netmay qoʻliga pichoqmi yoki boltani olib yugurib qolar edi. Asadbek shuni nazarga oldimi, har nechuk uni tiydi.

Bola — bola-da. Asadbek «ayangga aytma», deb ta-yinlagan boʻlsa-da, onasi «opoq dadang bilan nimalarni gaplashding?» deb soʻraganida bir ozgina gullab qoʻydi. Toʻgʻri, gumonini, qasos haqidagi gaplarni aytmadi. «Bu tasodifga oʻxshamasmish», deyishining oʻziyoq onasini bir qalqitib yubordi.

Chuvrindining xotini bu ayriliqning tasodif emasligini xabar eshitganidayoq his qilgan edi. U bir kunmas bir kun oqibat shu boʻlar deb qoʻrqib yashadi. Qoʻrqib kutganining yuz berganini biliboq koʻz oldi qorongʻulashdi. Bir necha lahza tildan qoldi. Xayolidagi «kim oʻldirdi?» degan savol buluti quyuqlashdi. Bu borada ona-bolaning fikr-oʻylari hamohang edi.

Umidning gaplarini eshitib qalqishiga sabab boʻlgan narsa gumonining toʻgʻri ekani emas, balki bu haqiqatdan oʻgʻlining xabar topishi edi. Otasining oʻldirilganini bilgan qaysi oʻgʻil tinch yurarkin? Yoshlikning qaynoq qoniga qasos oʻti harorat bersa yangi falokat yuz ochmasmi ekan? Bu falokat bolasini biron baloga giriftor etmasmi ekan? Shu xavotir onaning yurakkinasini yorib yuboray dedi. «Opoq dadang adashganlar. Adang birovga yomonlik qilmovdilar. Birovning adangda xusumati boʻlmagan. Bu bir falokat, bir tasodif», deb oʻgʻlini chalgʻitmoqchi boʻldi. Oʻzi ham ishonmaydigan bu gapga oʻgʻli ishonarmi ekan?

Bu haqda oʻylamadi.

3

Ertasiga ertalab Asadbek yana keldi. Bu safar mehmonxonaga kirmadi. Xassakashlar uchun darvozaxonaga qilingan joyga oʻtirdi. Kesakpolvonni koʻrib fe’li bir buzildi, rangi bir boʻzardi-yu, darrov oʻzini qoʻlga oldi. Xuddi kecha qabr tepasida turib «Yoʻqol! deb haydamaganday, sir boy bermagan holda soʻrashdi. A’yonining «Oʻzing tuzukmisan, xavotir olib uyingga boruvdim, yoʻq ekansan», degan savoliga «Yaxshiman, shukr», deb javobni qisqa qildi. «Sen menikiga borganingda men bu yerda edim», deyishining hojati yoʻq edi. Asadbek uyiga qaytgach, bu yerdan chiqib qozixonaga borgan Xumkalla barcha xabarni hojasiga yetkazgan, hatto qatiq qoʻshilmagan moshxoʻrdaning ichilmaganini ham aytib «bir nimadan xitlanmadilarmikin?» deb ilova qilgan edi. U sadoqati uchun hojasidan shirin soʻz koʻrinishida boʻlsa ham bir mukofot kutgan edi. Shoʻring qurgʻur Xumkalla shoʻri qurib qolganini, oxirgi mukofot oʻlim sharobi ekanini tasavvur ham qila olmas edi. Umri adogʻidagi soʻnggi xabarini aytib boʻlgan Xumkallani Qozi maishatga taklif qilib «ijozat bering» degan ma’noda hojasiga qaradi. Kesakpolvon:
— Boʻpti, bugun ja-a ezadigan kun boʻldi, bi-ir chigil yozdi qillaring, — deb marhamat qildi.

Asadbek Kesakpolvonga sir boy bermay oʻtirgach, atrofni zimdan kuzatib Xumkallani qidirayotgan pallada shahar chekkasidagi axlatxona atrofida hamisha och yuruvchi itlarning bayrami avjga chiqqan edi. Itlar galasidagi zoʻrlar qorinlarini toʻydirib, uzun tillari bilan tumshuqlarini yalab nari ketishgan, zaifroqlari esa Xumkallaning soʻnggi etlarini suyakdan ayirib yeyish bilan ovora edilar.

Kesakpolvon hozircha oʻz taxtida oʻtirgan hojasining olazarak qarab qoʻyishlarini sezdi, Halimjonni chaqirib qulogʻiga shivirlaganini koʻrganda sergaklandi. Halimjon ketgach, Asadbek a’yonini imlab chaqirdi.
— Dasturxonga qarab qoʻysang boʻlmaydimi? — dedi Asadbek bir oz zardali ohangda. — Oʻlar joyda emasmiz-ku, yo bozorda meva-chevaning urugʻi qurib ketibdimi?
— Endi... ma’rakada siporoq boʻlsin, debman-da. Hozir qotiramiz, — deb oʻzini oqladi Kesakpolvon.
— Oʻtir,— dedi Asadbek, — Halimni joʻnatdim. Sen yigirmani oʻyladingmi?
— Ha, oʻn toʻqqiz kunda qilamiz. Mahmudning hurmati bor, darrov oʻtkazib yuborsak, ayb boʻlar.
— Qaerda boʻladi?
— Shu yerda, hovlisi keng, bemalol.
— Osmonga qarab qoʻy-chi?
— Uch-toʻrtta parashyut olib kelib toʻsib tashlaymiz.
— Boʻlmaydi. Anhor boʻyini gaplash. Tuzukroq qorilarni ayttir.
— Qorilarning xoʻrrozini toptiraman. Yo Sobitxoningni Qoʻqondan oldirib kelaymi?
— Uni bezovta qilma. Sen bundan buyogʻiga yigitlarga koʻz-quloq boʻlib tur, bevoshlik qilishmasin. Avval ham aytuvdim, a? Esingdami? Zamonga qaralaring, noziklashib qoldi. Qozixonangni yopdingmi?
— Allaqachon yopib tashlaganman.
— Hosilning bollari tinch yuribdimi?
— Gah, desang qoʻlingga qoʻnadigan qilib qoʻyganman.
— Haydar, endi ikkalamiz qoldik. Birga boshlagan edik, oxirida ham ikkalamiz qoldik.
— Oxirida deganing nimasi?
— Hamma narsaning oxiri boʻladi, ogʻayni. Men senga suyanaman, meni yolgʻizlatma.

Asadbekning dardli ohang libosiga oʻrab aytgan bu yolgʻoni xuddi rost gapday eshitilib, Kesakpolvonni eritdi. «Ha, endi oʻlimini boʻyniga olibdi», degan fikr xayolini bir yoritdi. Asadbekning yelkasiga qoʻlini tashlab, mehribonlik bilan quchdi:
— Unaqa sovuq nafas qilma, oshna. Hali qiladigan ishimiz koʻp.
— Buni toʻgʻri aytding. Qiladigan ishimiz koʻp...

Asadbek shunday deb a’yoniga qaradi. Bu qarash zamirida «Sening ishing taxtga chang solish, mening ishim esa boshqa», degan ma’no yashiringanini Kesakpolvon fahmlamadi.

Shu payt xizmatchi yigitlardan biri yaqinlashib, Moskvadan Xongirey soʻrayotganini aytdi. Asadbek Kesakpolvonga savol nazari bilan qaradi-da, oʻrnidan turib, mehmonxona tomon yurdi. A’yoni esa ikki qadam qoʻyib ergashdi-yu, soʻng toʻxtadi. Asadbek bundan sergaklandi: «Nega toʻxtadi? Xongireyning gapiga nega qiziqmadi?»

Shaxovskiydagi qarorgohidan mehmonlarni kuzatib, Kozlov masalasida ham, Asadbek masalasida ham muddaosiga yetgan Xongirey hol soʻragach, qaygʻuli xabar eshitganini aytib, ta’ziya bildirdi-da:
— Asad, men doimo sen bilan birgaman, — deb tasalli berdi.

Asadbek minnatdorlik bildirgach, qisqa suhbat yakun topdi. Xabarning Moskvaga yetgani ajablanarli hol emas. Telefon goʻshagi koʻtarilsa, bir-ikki daqiqada har qanday xabar Moskva nima, dunyoning narigi chekkasiga ham yetadi. Lekin oʻsha goʻshakni kim koʻtargan, kim Xongireyning raqamlarini tergan? «Xongireyning shu atrofda izgʻib yurgan laychalarimi yo bagʻrimda isinib yotgan ilonlardan birimi?» — deb oʻyladi Asadbek iziga qaytar chogʻida. — «Sen bilan birgaman», dedi. Ha, albatta, birgasan. Oʻlsam ham seni birga olib ketaman».

Kesakpolvon joyiga qaytib oʻtirmay, darvozaxonada turgan edi. Asadbekni qarshilab koʻzini olib qochgan holda:
— Tinchlikmi? — deb soʻradi.
— Tinchlik, — dedi Asadbek unga tikilib, — koʻngil soʻrab qoʻydi. Mehr-oqibati yaxshi shu yigitning.
— Har nima qilsa ham musulmonligi bor-da, — dedi Kesakpolvon.

«Ha tulki, shu «musulmon»ga qul boʻlmoqchimisan? Agar shu Xongirey musulmon boʻlsa, men boʻlmadim. Shunaqa musulmondan yana oʻnta boʻlsa bu dunyoda kofirning hojati yoʻq». Asadbek bu fikrini oshkor qilmaslik uchun oʻzini majburlab jilmaydi-da:
— Toʻgʻri aytding. Kozlov deb uning koʻnglini xira qilganimiz chakki boʻldi, — dedi.

Yarim soatga qolmay Halimjon yelim chelakni toʻldirib uzum olib kelgach, Kesakpolvonning gumoni tar-qadi. Halimjon xizmat qilib yurgan yigitlar davrasiga qoʻshilganda Asadbek uni yana imlab chaqirdi. Halimjon qulogʻiga aytilgan gapga ma’qul ishorasini qildi-da, koʻcha tomonda turgan Kesakpolvonga yaqinlashib «Zaynabni olib kelaman», dedi.

Kesakpolvon «Men ham qizimni olib kelsam boʻlarkan», deb oʻylab, yigitlardan birini imlab chaqirdi.

Xalimjon Zaynabni olib kelgach, darrov iziga qayt-di. Fotihachilar bilan ovora Kesakpolvon uning gʻo-yib boʻlganini bilmay ham qoldi. Halimjon bu safar hojasidan olgan asosiy topshiriqni bajarish uchun ketdi. Asadbek bu topshiriqni ertalab yoʻlda kelayotganida aytib qoʻygan edi. Shunga muvofiq Halimjonni oʻsha ondayoq joʻnatsa boʻlardi. Lekin u yigitni ikki marta chaqirib, qulogʻiga shivirlaganda koʻzi Kesakpolvonda boʻldi. A’yonining sarosimaga tushish yoki tushmasligini tekshirmoqchi edi, kutgani amalga oshdi.

Halimjon Chuvrindining joni uzilgan yerga borib, oʻsha yerdagi xonadonlarda yashovchilar bilan uchrashib, oʻzini «militsiya xodimi» deb tanishtirgach, «KamAZ»dan tushib qochgan odamning qiyofasini surishtirdi. Odamlar uchun «men militsiyadanman» degan gapning oʻzi kifoya qildi. Birontasi hujjat soʻramadi. Ayni damda tayinli gap ham aytmadi. Barchalari yarim tundagi fojiadan uygʻonganlarini, koʻchaga chiqqanlarida «KamAZ»da hech kimni koʻrmaganliklarini aytishdi. Faqat birgina kampir «KamAZ»dan tushayotgan past boʻyli odam qorasini koʻrganini bildirdi. Halimjon bu ma’lumotni eshitishi bilan tezgina iziga qaytdi-da, fursat topib turib Asadbekka bildirdi.

Bu xabardan Asadbekning koʻzlari yondi:
— Xumkallani top, nega koʻrinmayapti? — dedi.

Halimjon yana bir soatcha gʻoyib boʻlib, Xumkallaning uyida tunamagani haqidagi noxush xabarni yetkazdi. Bu yangilikni eshitgan Asadbekning koʻkragida bir nima portlaganday boʻlib, bu portlash kuchidan hosil boʻlgan toʻlqin boʻgʻziga qadar bostirib keldi. Atrofida hech kim boʻlmaganida «meni goʻl qilib ketishdi, an-qayib qoldim-a», degan afsus bilan peshonasiga bir shapatilagan boʻlardi. Oʻziga necha juft koʻz tikilib turgani uchun tashvishli emas, xush yoquvchi xabarni eshitganday oʻzini majburlab jilmaydi.

Peshinda qoʻshnilar pishirib chiqargan oshdan bir-ikki qoshiq yegan boʻlib, ketishga chogʻlanganida Jamshidning mashinasi koʻrindi. Ikki uy narida toʻxtagan mashinadan Jamshid tushdi-yu, yurarini ham, yurmasini ham bilmay toʻxtab qoldi. Fojeani yoʻlda eshitib, ishonib-ishonmay kelayotgan Jamshid bu koʻchaga burildi-yu, darvoza yonidagi odamlarni koʻrib yuragi uvishdi.

Bir necha oy muqaddam shu darvozadan kuyib koʻmirga aylangan mayitni olib chiqishgan edi. Tutingan ukasiga «aza ochgan» Chuvrindi shu darvoza ogʻzida uch kun bel bogʻlab turgan edi. Buni Jamshid bilmaydi. Bilgani — Mahmud akasining oʻrnida hozir Umid bel bogʻlab turibdi. Kecha bu yerdan koʻtarib chiqishgani ham birovning kuygan murdasi emas, aynan Mahmud akasining jasadi... Yurishga majoli qolmagan Jamshid koʻchaga chiqib kelayotgan Asadbekni koʻrgach tamom joyida qotdi.

Jamshidga koʻzi tushgan Asadbek ham toʻxtadi-da, Kesakpolvondan:
— Buning qaerda edi, nega koʻrinmadi? — deb soʻradi.
— Hayronman, — dedi Kesakpolvon yelka qisib, soʻng Jamshid tomon tez-tez yurdi-da, unga yaqinlashib, baland ovozda:
— Qaerlarda sanqib yuribsan, marjaboz?! — deb soʻradi.

Jamshid unga «qaerdaligimni oʻzingiz bilasiz-ku?» degan ma’noda ajablanib qaraganida Kesakpolvon pastroq ovozda «Seni men emas, Mahmud akang yuborgan», deb shipshidi.

Kesakpolvon orqa oʻgirib turgani uchun Asadbek uning keyingi gapini eshitmadi. Lekin Kesakpolvonning birdan u tomon yurib qolganidan ajablandi. Bunaqa paytda bitta imlab qoʻyilsa kifoya edi, Jamshid yugurib kelardi...

Kesakpolvonga ergashib yurib kelgan Jamshid Asadbekdan bir qadam berida toʻxtab, salom bergach, «Bandalik...» deb ta’ziya bildirdi.
— Qaysi goʻrlarda yuribsan? — dedi Kesakpolvon jerkib.
— Termizga borib keldim, — dedi Jamshid yerga boqqanicha.

Savolga alik olmagan Asadbek bu gapdan keyin unga ajablanib qaradi-yu, indamadi. Kesakpolvon «Ahmoq, Termizni aytib qovun tushirdi-ku», deb ichida soʻkinib qoʻygach, soʻroqni davom ettirdi:
— Termizda nima bor ekan senga?
— Mehmonlarni olib borib keldim.
— Qanaqa mehmon?

Jamshid yerga qaradi, savolga javob bermadi.
— Sendan soʻrayapman, serraymay javob ber: qanaqa mehmon?
— Mahmud akamning... mehmonlari. Ularni tanimayman.
— Nimaga borishibdi?
— Bilmayman. Bitta uyga kirib chiqishdi. Men mashinada oʻtiruvdim.

Asadbek undagi sarosimani sezsa ham, parvo qilmaganday boʻlib mashinasi tomon yurdi. «Mahmudning qanaqa mehmoni bor ekan, Termizga nimaga boradi?» degan savolga har qancha urinmasin, javob topa olmadi.

Javobni kechqurun Jamshidning oʻzi olib keldi.

Asadbek telefonda Manzura bilan gaplashib, uning qaytish haqidagi qaroridan gʻashlanib oʻtirganida boloxonadagi yigitlardan biri Jamshidning kirishga izn soʻrayotganini ma’lum qildi. Jamshid qaytganidan beri «mendan nari yursin», degan hukmga itoat etib, suyukli hojasiga yaqinlashmayotgan edi. Shu bois ham bemalol ostona hatlab kira oladigan xonadoni eshigi oldida toʻxtab, ruxsat soʻradi. Asadbekka uning bu odobi ma’qul kelib, «kirsin», dedi.

Hovliga tasodifan chiqqan Zaynab darvozaxonadan kirib kelayotgan Jamshidni koʻrdi-yu, vujudi titrab ketdi. Biroq, oniy sarosimani yengishga oʻzida kuch topib, tez-tez yurganicha oshxonaga kirdi.

Yaxshiki shu damda Asadbek deraza osha hovliga qaramadi. Bu holni koʻrganida yana eski yarasiga tuz bosilib, Jamshid bilan muomalasi boshqacha boʻlishi aniq edi.

Jamshid xonaga bir qadam qoʻyib, salom berdi-yu, toʻxtadi.
— Kir, kiraver, oʻtir, — dedi Asadbek, unga roʻparasidan joy koʻrsatib.

Bu xonadonga oʻgʻil, eng kamida uka maqomida boʻlgan Jamshid endi xuddi begonaday kirib, begonaday omonat oʻtirdi.
— Termizga nima uchun borganingni aytgani keldingmi? — dedi Asadbek zaharli ohangda.
— Ha, — deb javob berdi Jamshid unga tik qaray olmay. — Sizga yolgʻon gapiruvdim.
— Bilganman. Endi rost gapirmoqchimisan? Agar seni Mahmud yuborganida men xabardor boʻlardim. Menga-ku, mayli, tupurding, oʻlgan akangga tuhmat qilishga uyalmadingmi? Bunaqa palidlikni Xongireydan oʻrganib keldingmi?
— Bek aka, meni nima qilsangiz qiling, lekin oʻsha joyda shunday deyishga majbur boʻldim.
— Kimdan qoʻrqding?
— Qoʻrqmadim... Rosti, meni Haydar akam yuborgan edilar.
— Mehmonlari kim edi, rostdan tanimasmi- ding?
— Sal-pal tanirdim. Xongireyning yigitlaridan edi. Bek aka, bu ishdan latta hidi kelib turibdi. Ularning niyati — qoradori.
— Qayoqdan bilasan?
— Gaplaridan fahmladim. Ozgina yuk ham olishdi.
— Ahmoq! Qoʻlga tushib qolsang uchib ketarding-ku, oʻylamadingmi?
— Ilojsiz edim...
— Qani oʻsha mehmonlaring?
— Samarqandda kuzatdim, Maskovga uchib ketishdi.
— Haydar akangga hisob berdingmi?
— Ha.
— Nima uchun Haydar akaxoningni menga sotyapsan? Axir u bechora sening joningni saqlab qolaman, deb qaerlardan oʻlik qidirib topgan-a!
— Oʻzingiz aytdingiz... Mahmud akamga tuhmat qila olmadim.
— Seni oʻlimga men hukm qilgan edim.
— Bu gap esimdan chiqqan.
— Rostdanmi?
— Eslagan kunim — oʻlganim.
— Yaxshi. Sen Haydar akangdan uzoqlashma. Hozircha bitta narsani bilsang yetarli — uning fikri buzilgan, ehtiyot boʻl.
— Haydar akam menga yana bitta ish buyurganlar.
— Qanaqa ish?
— Halimni oʻldirishim kerak ekan.
— Halimnimi? Nega?
— Xitlarning odami, dedilar. Men sal-pal hid olganday boʻldim. Gaplarida jon borga oʻxshaydi.
— Yana tekshir. Xitlarning odami boʻlsa, oʻlishi hecham mumkin emas. Sen... shu hafta ichi Maskovga borasan, Kennaying bilan ukalaring kelishyapti, kutib olasan.

Asadbek shunday deb «Senga ruxsat» deganday oʻrnidan turdi.

Uning «kennaying bilan ukalaring» deyishi oradagi toʻsiqni olib tashlab, Jamshidning yana eng ishonchli odamga aylanganidan dalolat edi.

Asadbek Jamshid chiqib ketgach, Halimjon haqidagi gapni mulohaza qilib «Xitlarning odami boʻlsa, yana yaxshi, Haydarning xizmatini qilib yuraveradi», degan qarorga keldi.

4

«Gunohlarni siz qildingiz-u, jabrini bolalar tortishsinmi?..»

Kimdir shunday deb baqirganday boʻldi.

Ha, Jamshid Moskvadan telefon qilib Abduhamid bilan Abdusamatning milisaxonada oʻtirganini xabar qilgan ondayoq qaydandir shu ovoz keldi.

Bir necha hafta ilgari Zaynabga «Oʻzingni os» degan ma’noda arqon tashlab chiqayotganida ham shunga yaqin gap aytilib edi. Undagi ovoz Jalilniki edi. Bunisi... Manzuraniki!

...Gunohlarni siz qildingiz-u...

Biron marta boʻlsin eriga tik qaramagan Manzura bu safar baqirdi. Umr boʻyi toʻplanib, kuch yiqqan dardi shu onda goʻyo portladi. Portladi-yu, Asadbekning ruhini tilka-tilka qilib yubordi. Agar Manzura unga roʻpara boʻlib shunday desa Asadbek ilgarigidek «oʻchir ovozingni» deb qayirib tashlashga kuch topolmasdi.

«...Yuklaridan qora dori chiqqanmish...»

Asadbek buni tasodif yoki tushunmovchilik oqibati deb qabul qilmadi. Ilonning dumini bosib olib qoʻrquvda yashayotgan odam kabi Asadbek keyingi oylar ichi Xongireyning zahar solish onlarini xavotir bilan kutib yashardi.

Manzuraning qaytish haqidagi qarori Asadbekning rejalarini buzib tashladi. Tabib muolajasidan soʻng Zaynabning oʻziga kelgani, Elchinning holatidagi xavotirli onlar ortda qolganidan xabar topgan Asadbekda qizini Olmoniyaga joʻnatish fikri qat’iylashdi. U qarorini Chuvrindi orqali bildirganda Zaynab «erimni bu ahvolda tashlab ketolmayman» debdi. Asadbek bu gapdan gʻashlanib Chuvrindiga:
— Erini boʻri yermidi, hujjatlarini tayyorla, boradi, — dedi.

Oʻsha xunuk voqeadan soʻng Asadbek gapi boʻlsa Chuvrindi orqali yetkazardi. Zaynabning javobini ham Chuvrindi bildirib, orada xolis vositachi vazifasini bajarib qolgan edi. Eri yaralangunga qadar Zaynab otasiga koʻrinmaslikka harakat qildi. Elchin kasalxonaga tushgach, asosan ota uyida yashay boshladi. Shunda ham ota-bolaning oʻzaro muomalasi salom-alikdan nariga oʻtmayotgan edi.

Asadbek kuyovini Abdurahmon tabibga koʻrsatishni ham oʻyladi. Fikrini aytganda Chuvrindi ma’qullab:
— Tabib koʻrib qoʻyganidan keyin Elchinni ham birga yuborsakchi? U yoqda zoʻr doʻxtirlar bor, — dedi.
— Yoʻq, — dedi Asadbek bosh chayqab. — Doʻxtiri zoʻr boʻlsa zoʻrdir, lekin yangi qudalarga «kuyovimni tuzatib beringlar» deb yuboramanmi? Qoʻy, Abdurahmon tabib har qanaqa kasalni tuzatib yuboradi.

Chuvrindi Zaynabning hujjatlarini tayyorlab qoʻygan edi. Agar oʻlim gʻolib kelmaganida ertalab borib idoradan hujjatlarni olib chiqqan boʻlardi. Uning oʻlimidan soʻng ham Asadbek Zaynabni joʻnatish fikridan qaytmadi. Manzuraning nogahoniy qaroridan shuning uchun ham achchiqlandi.
— Zaynabni joʻnatayotgan edim-ku? — dedi boʻgʻi-lib.
— Voy adasi, qudalaringizga aytib qoʻydim. Zaynab keyinroq kelib ketar.
— Hey!.. — Asadbek «onangni...» deb bir «shirin» gapini aytmoqchi boʻldi-yu, oʻzini tiydi. — U yer amma-xolangning mahallasimi, Zaynabing bugun boʻlmasa ertaga lip etib borib kelaveradigan...
— «Boʻpti, bilganingni qil». — Asadbekning shunday deb chekinishdan oʻzga chorasi yoʻq edi.

Bilganini qildi xotini.

Oqibat bu...

Shuning uchun donolar «xotinning gapiga quloq solu teskarisini qil», deb aytishgandir...

Asadbek avvaliga Manzurani aybladi. Keyinroq, hovuri bosilgach, oʻzining kaltabinligini tan olib, barcha aybni oʻz yelkasiga oldi. «Manzura bechora tagʻin ham chidab turdi u yerda. Bugun boʻlmasa ertaga baribir qaytishi kerak edi. Oʻlganimdan keyin shunaqa qop-qonga tushsa kim qutqaradi?..»

«Oʻlganimdan keyin...»

Oʻlganidan keyin ham Xongirey ularni tinch qoʻymaydimi? Xongireyga nima kerak? Asadbekning oʻlimi emasmi? Asadbek urugʻi bilan qirilib ketish darajasida gunoh qilibdimi? Xoʻp, Kozlov masalasidagi oʻjarligi durust boʻlmadi. Xongirey «yoʻlimdan qoch», deganida nari tursa olam guliston edi. Bunda gap faqat oʻjarlikda emas. Orada Kozlov bilan ahdnoma bor edi, Asadbek bu ahdga xiyonat qilib past ketishni istamadi. Bugun Kozlov masalasida chekinsa, ertaga boshqa ishda qulluq qilib tursa Xongireyning uni eshakka aylantirib minib olishi yoki boshga chiqib istagan noma’-qulchiligini amalga oshirishi mumkinligini ham hisobdan chiqarmagan edi.

Hosilning oʻlimi uchun hisob berishi kerakmi? Axir uni Xongireyga oʻchakishib oʻldirmadi-ku? Hosil oʻlimni oʻzi sotib oldi-ku? Faqat benomus otagina Hosilning qiligʻiga chidashi mumkin edi. Agar ana shu nomus qasosi uchun jon berishi shart boʻlsa — Asadbek tayyor!

«Xongirey... darding boʻlsa erkakchasiga dangal aytmaysanmi? Nayrangga balo bormi? Yoki... dard chekib ingraganimda rohat topasanmi? Undan koʻra oʻldirib, jasadimni yoqib, shu olov taftida qoʻlingni isitib maza qila qolmaysanmi, nomard!..»

Moskvaga uchadigan uchoq yerdan koʻtarilgunicha shu kabi xayollar qurshovida boʻlgan Asadbek Xongirey bilan uchrashajagi aniq ekanini bilardi, faqat qaerda, qay holda koʻrishajagi xususidagi tasavvuri aldamchi edi. Xongirey tayyorlab qoʻygan nayranglarning navbatdagisini u yetti uxlab bir tushida koʻrmas edi.

U yorugʻlik olamidan tobora zimiston dunyosiga kirib, ana shu zulumot qa’ridan yorugʻlikni umid qilib borardi.

Oʻgʻillarining yuklari orasidan chindan ham qora dori chiqqan boʻlsa, qoʻrqqulik emas. Bir necha kunda boʻlmasa-da, uzogʻi bilan uch-toʻrt haftada chiqarib olishga ishonadi. Ammo bu Xongireyning ishi boʻlsa... chorasi qiyin. Tomirida iblis qoni oquvchi kimsa ham Xongirey darajasida beshafqat boʻlmas. Asadbek oʻgʻrilar olamida «Knyaz» deb ardoqlanuvchi bu odamning qiliqlarini eshitib yurardi, biroq, gʻilay Shomilning kallasini qutiga solib yuborganini bilgach, undagi beshafqatlik darajasining chegara bilmasligiga amin boʻldi. Qonundagi oʻgʻrilarning «Oʻgʻridan boshqa hech kim inson taqdirini hal qilish huquqiga ega emas», degan aqidasiga sodiq holda ish yurituvchi Xongirey Asadbekning, uning oʻgʻillarining taqdirini qanday hal etar ekan?

Uchoq bulutlar bagʻrini yorib yuqoriga koʻtarilar mahalda qattiq titradi. Bunaqa paytda har qanday odam Xudoni eslab qoladi. «Oʻzing asragin, Tangrim, falon-falon gunohlarni boshqa takrorlamayman», deb tavba qiladi, ont ichadi. Uchoq titroqdan toʻxtab, ohista ucha boshlagach, tavba ham unutiladi, Xudo ham. Koʻp kabi Asadbek ham shunday edi. Hozir unday boʻlmadi. Uchoqning qulashidan, oʻzining oʻlimidan qoʻrqmadi. Aksincha, «bu kunimdan oʻlib ketganim ming marta yaxshi emasmi?» degan fikr uni karaxt qilib qoʻydi.

Yoshi ellikdan oshibdi. Qanchadan qancha narsalarni koʻribdi. Qiziq... Nimalarni koʻrdi? Oʻylab qarasa, hech nimani koʻrmaganga oʻxshaydi. Roʻparasida zulmat, ortiga oʻgirilib qarasa, qorongʻu boʻshliq. Faqat uqubat uchun tugʻilgan odam ham u kabi uqubat chekmasa kerak... Qoq suyak topgan it ham oʻzini baxtli his qilar balki. Shuncha boyligi boʻla turib nima uchun Asadbek baxtsiz?..

Har bir odamning baxt daraxti oʻziga alohida boʻladi. Bu baxt daraxtini boylik bulogʻi suvi bilan sugʻorib meva olmoqchi boʻlganlar yanglishadilar.

Asadbek ana shu adashuvchilardan biri edi.

Faqat iymon bulogʻidan suv ichgan baxt daraxtigina shirin meva berishini hamma ham anglab yetavermaydi.

Asadbek ana shu anglamaganlardan biri edi.

Zulm bulogʻidan suv ichgan baxt daraxti qiyomatda zaqqum daraxtiga aylanajagidan barcha xabardormi?

Asadbek xabardor boʻlmaganlardan biri edi.

Uchoq titrogʻi tinib, bulutlar ustiga chiqib olgan onda ikki qator oldindagi oʻrindiqda oʻtirgan odamga Asadbekning koʻzi tushib, yuragi bir hapriqdi. Boshiga doʻppi kiyib olgan bu odam yon tomondan Sobitxonga oʻxsharkan.

Asadbek oʻzining sihati, tashvishlari bilan andarmon boʻlib uni yoʻqlay olmagan edi. Hozir shu doʻppili kishining chindan ham Sobitxon boʻlib qolishini istab, unga qayta-qayta tikildi. U kishi ortidan kimningdir qattiq tikilayotganini sezdimi, bir-ikki oʻgirilib qaradi. Doʻppili bu kishining ham soqol-moʻylovi boʻlsa-da, yuzida Sobitxon yuzidagi nur yoʻq edi.

Shu kishi bahona boʻlib, Asadbek Qoʻqondagi shifoxonada boʻlgan suhbatni esladi:

Ikki yuz yil umr koʻrgan odam: «Baloli yillar, farovon yillar... kun oʻtadi, tun oʻtadi. Tuqqan tugʻadi, oʻlgan oʻladi. Tuqqan tugʻmasaydi mavjudot tugardi. Oʻlgan oʻlmasaydi — Yer yuzi undagilarga tor boʻlib qolardi», degan ekan.

Ha... Oʻlganlar oʻlib turibdi. Lekin shunda ham Asadbekning nazarida, keng dunyo juda tor boʻlib ketayotgan edi. Tor boʻlmasa, salkam besh milliard odam siqqan shu dunyoga Mahmud sigʻmasmidi? Dunyo birgina shu odamga torlik qildimi?.. Dunyo yanada torayib, endi kimlarni siqib chiqaradi ekan?

«Bek aka!..»

Yonidagi odam Sobitxonning ovozi bilan chaqirganday boʻldi. Asadbek beixtiyor ravishda unga qaradi: burniga koʻzoynak qoʻndirib gazetaga muk tushib oʻqiyapti.

Ovoz esa yana takrorlandi:

«Bek aka... Yaxshilab oʻylab qaralsa, bu dunyo hayotidan tubanroq narsa yoʻq. Dunyoni yiqilishga yuz tutgan devorga ham oʻxshatishadi.

Devorning yiqilajagini bilgan holda unga suyanamiz, a? Dunyo hayotini sirpanchiqqa ham oʻxshatishadi. Bu sirpanchiqda hech kimning oyogʻi sobit turmaydi... sirpanib yashaymiz... Keyin esa... soʻnggi ziyoratgohga qarab joʻnaymiz. Soʻnggi ziyoratgohimiz — qabr. Bu ziyoratgohni hech eslamaymiz, eslagimiz ham kelmaydi. Ajalni unutishda bir-birimizni ortda qoldirib ketamiz...»

Qoʻqon shifoxonasidagi oʻsha uchrashuvdan soʻng koʻp oylar oʻtdi. Krasnoyarda yurganda, ayniqsa xastalik oʻlim darvozasiga haydab kelgan kunlarda Sobitxonning gaplarini koʻp eslagan edi. Keyinroq oʻlim ostonasidan qaytib, umid darvozasiga yetganda ibodatdan yiroqlashgani kabi bu gaplarni, Abdurahmon tabibning gaplari qatorida, eslashdan uzoqlashdi.

Yer bilan osmon orasida eslashi...

Osmonda nima bor?

Yerda nima qoldi? Bir-birlarini boʻriday gʻajiydigan odamlarmi?

Shu savol xayoliga urilishi bilan qulogʻi ostida Anvarning gapi jarangladi. Ha, aynan oʻsha ovoz, aynan oʻsha gap:

«Boʻriday desangiz boʻrilar xafa boʻlisharmikin? Boʻrilar ahil yashasharkan...»

«Boʻrichalik ham aqlimiz yoʻq, — deb oʻyladi Asadbek. — Bu dunyoda sirpanib yasharkanmizmi? Men sirpana-sirpana shu holga keldimmi? Endi soʻnggi ziyoratgoh qoldimi? Yoʻq, hali vaqt bor... Bilaman, Mahmud u dunyoda kimnidir olovli gullar bilan kutib turibdi. Avval oʻsha gul egasini topib, joʻnatay...»

Asadbek zulm libosiga oʻralgan niyatini qanday amalga oshirishini oʻzi ham yaxshi bilmaydi. U bir yil avvalgi Asadbek boʻlganida zulmatli olam ichra bu qadar sarsari kezmasdi. Aravalar otlardan oldin chiqib ketgan zamonda bir qanoti qirqilgan, ikkinchisi esa xiyonat qilgan qush baland ucha olarmikin? Oʻljaga dadil va bexato chovut sola olarmikin? Hech boʻlmasa oʻzini himoya eta olmoqqa kuch toparmikin?

Bir qanotning qirqilishi kutilmagan hol boʻldi. Ammo ikkinchi qanotning xoinligi tasodifmi? Bir qanotning qirqilishiga sabab boʻlgan ikkinchi qanotning xoinligi qachon boshlandi? Oʻzini ziyrak va sergak deb hisoblovchi Asadbek nechun bu holni payqamay qoldi?

Qimor oʻynab yurgan kezlarida raqibining qarta tutgan barmoqlariga, javdiragan koʻzlariga qarab gʻirrom oʻyin boʻlayotganini fahmlab olardi. Bu oʻyindagi gʻirromlikni nechun sezmadi?

Bir kuni Kesakpolvon Asadbekka:
— Ukangning tanobini tortib qoʻy, mening ildizimga bolta uraman, deb ovora boʻlmasin, — degan edi.

Shunda Asadbek yumshoqroq ohangda:
— Hammamizning ildizimiz bir, bolta urilsa, baravar quriymiz, — deb javob bergan, Kesakpolvon esa, qoʻl siltab, zarda bilan:
— Sen ham ukaxoningning gaplarini aytyapsan, — degan edi.

Kesakpolvon xiyonat koʻchasiga shundan soʻng kirdimi yo u damda kirib boʻlgandimi?

Asadbek Abdurahmon tabibnikida shifo umidida yurgan kezlari oʻzi barpo etgan olam qasrining yorila boshlaganini sezib, «bu ofat qachon boshlandi?» degan savoliga javob izlagan edi. U Zaynabning oʻgʻirlanishi barcha tashvish eshiklarini ochib yubordi, degan toʻxtamga kelib edi. Bu dunyoda dunyo umidida yurgan koʻp gʻofil bandalar kabi Asadbek ham Yaratganning «Yabna Odama! Iza raayta-l-gʻinaa muqbilan a’layna. Faqul zanbun a’jilatun uquba’tuhu»[3] degan xitobidan bexabar edi. Xabardor boʻlganida hayoti iplarining chigilini yechishda bu qadar qiynalmas edi.

Boylik ham keldi, uning izidan gunoh ham hayallamadi.

Azob-uqubat va jazo ham naqd boʻldi...

Gʻofil banda buni bilmaydi.

Muhrlangan qalb koʻzlarning nurini ham olib qoʻygan.

Koʻzlar ochiq, ammo oyoqlar ostidagi vayl choʻgʻlarini koʻrmaydi.

Buning oʻrniga eng yaqin a’yoni boʻlib kelgan xiyonatchi qanotning xiyonatlarini oʻylaydi. Oʻylay-oʻylay xiyonat koʻchasiga burilish nuqtasini oʻzicha topganday boʻladi ham.

Zaynabning oʻgʻirlanishini undan gumon qilmaydi. Ammo toʻydan soʻng Elchinning koʻchasiga yigitlarni qoʻyganida «Kimdan qoʻrqasan, — Asadbek chumchuq pirr etsa, yuragi shirr etadigan boʻlib qolibdi, degan isnodga qolmoqchimisan?» deb qaytardi. Asadbek «Toʻgʻri, endi kimdan choʻchiyman?» — deb uning gapiga kirib ahmoqlik qildi. Keyin Boʻtqani mas’ul qilib koʻchaga poyloqchi qoʻydi, ammo bu tadbiri uy yonib boʻlganidan soʻng suv sepish kabi bir chora edi.

Asadbek oʻsha nuqtadan to oʻgʻillarining bugungi qismatiga qadar boʻlgan gap-soʻzlar, voqealarni xayol chigʻirigʻidan bir-bir, qayta-qayta oʻtkazib koʻrdi.

Bir jang avvalida munajjim sohibqironi akbarga «yulduzlar bu kuningizni sharaflashmayapti», deganida u zot «Biz oʻz gʻalabamiz bilan bu kunni sharaflagimizdur», degan ekanlar. Agar munajjim paydo boʻlib Asadbekka shu mazmunda bir gap aytsa, u sharafli kunga ishonch bilan qadam qoʻya olarmidi?

Holbuki...

Tun xunuk fojiaga homilador boʻlib, kun uni tugʻishga tadorik koʻrardi.

Uchoq yerga qoʻnganida quyosh bosh koʻtarayotgan edi. Yorugʻlik va’dasida koʻtarilayotgan quyoshmi bu yo majhul sarob — hech kim bilmasdi.

V bob

1

Zulmat...

Ha, zulmat edi.

Nafas oldi-yu, nafas chiqarishga ulgurmadi. Xuddi birdaniga chiroq oʻchirilganday boʻldi. Zulmat qanday bostirib kirganini sezmay qoldi. «Ana endi oʻldim», deb fikrlashga ham ulgurmadi.

«Qassob» qoʻlida asir ekanida «Bu jinni bu baloni portlatib yuborsa, oʻlar oldidan oilamga bir ogʻiz ham gapirolmay ketamanmi?» deb afsuslangan edi. «Kelib-kelib shunday oʻlim menga nasib qiladimi-ya? — deb oʻyladi mayor Soliev. — Uyda hech boʻlmasa uch-toʻrt kun oyoqni choʻziltirib yotib, bola-chaqaga vasiyatni qilib, soʻng jon berishning ham gashti bor ekan-da, a?»

Aytadigan gaplari koʻp ham emas, bolalariga «onang-ni hurmat qillaring, halol yeb, halol yashalaring», deydi. Otasi unga shunday vasiyat qilib edi. Otasidan oshirib u nima deya olardi?

Aslida bu gapni kunda boʻlmasa-da, tez-tez aytadi. Ammo oʻlimi oldidan aytsa u oddiy gap maqomidan chiqib, vasiyat martabasiga koʻtariladi.

Xotiniga ham koʻp gapirmaydi. «Kelining bilan hadeb oʻchakishaverma, bechorani ezaverma», deydi xalos.

Aslida bu gapni ham kunda boʻlmasa-da, tez-tez aytadi. U aytishdan charchamaydi, xotini oʻz bilgicha yashashdan horimaydi. Soliev qaynona-kelin mojarosiga poydevor boʻlguvchi, koʻpchilik e’tibor bermaydigan bir sababni aniq biladi: uning xotini ham koʻp onalar singari oʻgʻlini kelinidan qizgʻanadi. Yigirma yilmi yo undan koʻproqmi hamisha qanotida yurgan farzandining xuftondan soʻng «gʻoyib» boʻlishiga avvaliga koʻnikolmaydi, keyin-keyin esa chidolmay qoladi. «Qizil oyoq kelib, qizil yuzdan judo qildi», degan maqolning aynan oʻshanday «qizgʻanchiq» onalar toʻqigani bejiz emasligini Soliev anglaydi. Gaplari shamolga sovrilishini bilsa-da, tanbeh beraveradi.

Jon chiqishi oldidan soʻnggi bor aytsa boʻlardi. Ammo endi bunisi oddiy gap maqomidan chiqib, vasiyat martabasiga koʻtarilardi. Nodon xotini hech boʻlmasa, bir-ikki hafta vasiyatga amal qilar axir. Soʻng qizgʻanish olovi yanada battarroq alanga olar. Oldinlari yonida eri boʻlardi, yolgʻizlik muzxonasining sovugʻi unga kamroq sezilardi. Eri oʻlgach, muzliklar aro yalangoyoq, yalangʻoch qolgandek boʻladi. Tongga qadar azoblanadi. Azobning alamini kimdan olishi esa tayin...

Temir yoʻl bekatida koʻkragiga bomba bosilgan holda nochor turgan mayor Soliev aytolmaydigan vasiyati bahonasida shularni ham oʻylashi kimgadir gʻalati, balki ishonchsiz tuyulishi mumkin. Holbuki, gʻalat holatlarda gʻalat oʻylarning fikrni yoritib oʻtishi mutlaqo gʻalati emasdir. Agar Solievning oʻrnida bir necha soat avval «Qassob»ning oʻqidan jon bergan militsioner yigit boʻlganida boshqacha oʻylab, oʻzgacha vasiyatni fikr qilardi. Agar unga «hozir «Qassob» seni otib oʻldiradi, vasiyatingni aytib ol», deb imkon berilsami, birinchi galda homilador xotiniga qarab: «Mendan ke-yin turmushga chiqsang, bolani «detdom»ga berma, ota-onamga qoldir», demogʻi shubhasiz edi. Biroq, unga bunday imkon berilmadi, vasiyatsiz ketdi. Solievning oʻylarida jon bor: vasiyatni aytib, soʻng jon berish ham oʻziga yarasha bir baxt — Tangrining buyuk marhamatlaridan biri...

Zulmat qa’rida ekanida hayot va mamot, vasiyat toʻgʻrisidagi oʻylar uni bezovta qilmaydi. Zulmat pardasi teshilib, oydinlikning zaif nuri qorongʻulik bilan olisha boshlaganida nimanidir sezdi, qandaydir tovushni eshitdi. Hatto nimalarnidir koʻrganday ham boʻldi. Ammo sezgani, eshitgani, koʻrgani nima ekanini idrok eta olmadi. Quloqlariga kirayotgan tovushlar notanish, dimogʻiga urilayotgan hid ham begona edi.

Keyin...

Ha, keyin «Qassob»ni koʻrdi. Hamma yogʻi qonga belangan «Qassob» avvaliga daf qilish maqsadidami, u tomon bostirib keldi.

Soliev yotgan yerida qimirlay ham olmadi.
— Qornim ochdi, — dedi «Qassob». — «Chuchvara yegim kelyapti. Lekin sening goʻshting chuchvaraga yaramaydi. Erkak goʻshtini yeyish — mening printsipimga toʻgʻri kelmaydi...»

Temir yoʻl bekatida changalida bomba ushlab turganida ham shunday degan edi. Bu gapni eshitib Soliev «Shu taviyaning ham printsipi bor-a...» deb oʻylab gʻashi kelgan edi.

Hozir ham shunday oʻyladi. Bir narsa demoqchi edi, tili aylanmadi. Gʻudrandi.
— Hali ham oʻlganing yoʻqmi? — «Qassob» shunday deb engashgan edi, Solievning koʻkragiga qon tomdi. Tomchi qon qaynoq suv kabi etini kuydirib, azob bera boshladi.

Kutilmaganda «Qassob» tisarildi. Kutilmaganda Soliev quvvatga kirib, qaddini rostladi. Buni koʻrgan «Qassob» qocha boshladi. Soliev quvmoqchi boʻldi: negadir qush kabi yengil uchdi.
— Toʻxta, qochma, nega qochyapsan? — deb baqirdi.
— Quvlama meni, baribir yeta olmaysan.
— Toʻxta, gapim bor senda.
— Gaplaringga bir kecha kamlik qildimi? Sen bilan bir tun birga boʻldim. Endi oʻlguningcha meni eslab yurasan. Oʻlguningcha meni quvlaysan. Quvlash joningga tegib ham ketdi.

Shunday deb «Qassob» ham ucha boshladi. Oxiri koʻrinmay ketdi. Yoʻlda qonli izlar qoldi.

Shundan soʻng koʻzlarini ochdi.

Qaerda ekanligini bilmadi. Koʻrgani — oppoq shift unga qaerda ekanini anglatmadi. «Qassob»ni quva-quva yetib kelganim shu yermi, degan oʻyda bir necha fursat koʻzlari baqrayganicha qotdi. Notanish tovushlar ham tindi. Sukunat jarangidan quloqlari shangʻilladi. Koʻp qatori u ham «Sukunat — jimlik demakdir» deb hisoblar edi. Ammo hozirgi ahvolida sukunatdan quloqlari qomatga keldi. Sukunat shovqinini daf etmoq uchun quloqlarini kaftlari bilan berkitmoqchi boʻldi, biroq qoʻllari uning hukmiga boʻysunmadi. Bilaklari ogʻir toshga bogʻlab qoʻyilganday koʻtarilmadi. Shunda qotib qolgan nigohi harakatga keldi. Unga xiyonat qilmagan joni avvaliga kipriklarini oʻynab pirpiratdi. Soʻng shiftga qadalgan nigoh asta pastladi. Dastlab koʻrga-ni — toʻntarib qoʻyilgan dori shisha idish poʻkagiga ulangan shaffof ichak boʻldi. Shisha idish ichidagi yarimlab qolgan za’faron suyuqlik qaynashni boshla-yotganday dam-badam pufakcha chiqarib qoʻyadi. Mayor Soliev ana shu pufakchalarni sanayotganday tikilib yotdi.

«Kasalxonadamanmi?»

Savoliga za’faron suyuqlik oqib oʻtayotgan shaffof ichak javob beradiganday nigohini yuqoridan pastga tomon tushirdi. Biroq, koʻzlari ichakning qaerga qadalganini koʻrolmadi. Shundan soʻng boshini asta yon tomon burib, qoʻshni karavotda yotgan odamni koʻrdi. Harakatsiz yotgan odamning tirikmi yo oʻlik ekanini bilmadi. Uning tepa tomonidagi toʻntarilgan shisha idishda pufakchalarni koʻrgach, qoʻshnisi hali hayot ekanini angladi. «Kim bu? — deb oʻyladi u. — «Qassob»mi? Shuncha otishmadan soʻng ham tirik qoldimi?» Xonadagi yorugʻlik yetarli emasmidi yoki Solievning koʻzlari xiralashganmidi, har holda tikilgani bilan yon tomonda yotgan odamni taniy olmadi.

Bu orada eshik ochilib, hamshira kirdi. Solievda hayot nishonasini koʻrib, unga yaqinlashdi-da, hech bir soʻz aytmay, oʻzini zoʻrlagan holda jilmaydi.
— Qaerdaman?

Bu safar ham ovozi chiqmadi, faqat lablari asta qimirladi. Hamshira lablarning qimirlashidan savolning mazmunini uqqanday, oʻsha soxta jilmayishini kanda qilmagan holda mayin kaftini uning peshonasiga qoʻyib:
— Xavotirlanmang, krizis oʻtdi, — dedi. Keyin dalda beruvchi ohangda qoʻshib qoʻydi: — balki erta-indin reanimatsiyadan umumiy xonaga olishar...

«Krizis...», «Reanimatsiya...»

«Zulmat — krizismidi? Menga nima boʻldi oʻzi? — deb oʻyladi Soliev — Bomba portlamagan edi. Yigitlar kirishgandi. Balki oʻshandan keyin portlagandir? Yonimdagi yaralanganlardan bittasimi? Boshqalari qani?»

Tili gapga aylanib, bularni soʻraganida ham hamshira javob qaytara olmas edi. Hamshira yon tomondagi bemorning holidan xabar olgach, chiqib ketdi. Hamshira kirgach, qaysi bir burchakka biqinib olgan sukunat u chiqib, eshik yopilishi bilan yana xonaga oʻz hukmini oʻtkaza boshladi. Solievning baxtiga bu safar quloqlari shangʻillamadi. Ahyon-ahyonda dahliz tomondan soatning chiqillashini eslatuvchi uzuq-uzuq, ojiz-ojiz tovush sukunat hukmiga zarba berib turdi. Xayollari asta-sekin tiniqlasha boshlagan Soliev zulmat dunyosiga kirish arafasidagi voqealarni esladi.

2

Soliev jinoyatchilarning izlaridan tushgan paytlarida koʻp tunlarni bedor oʻtkazgan, biroq, «Tun» deb atalmish vaqt birligining bu qadar uzun, bu qadar ogʻir-vazmin boʻlishini sezmagan ekan.

«Qassob» ham, Soliev ham, atrofda sergak turgan yigitlar ham «Tezroq tong ota qolsaydi» deb kutishardi. Goʻyo bu mashmashaga tun aybdoru, otajak tong barcha balolarni daf etadiganday edi.

Oʻlim yoki hayot daragini bermogʻi lozim boʻlgan tong ham otdi.

«Qassob» chala boʻgʻizlab qoʻyilgan hoʻkiz tovushida baqirib, yana talablarini takrorladi. Bu tomon va’dani yana quyuq qildi. Talab va va’dalar qachonga qadar davom etajagini, qanday yakun topajagini hech kim bilmasdi. Hamma qandaydir bir mavhum tasodifga umid qilardi.

Soliev va’da berayotganlardan ham, atrofda kuzatib turganlardan ham ranjimas edi. Chunki bu muammoning yechimini oʻzi ham bilmasdi. Bilganda-ku, «shunday-shunday qilinsa — olam guliston» deb gʻazablansa ham arzirdi.

Yurakni eslatuvchi mushtdekkina temir necha soatdan beri necha-necha yuraklarni behalovat tepishga majbur qilardi. Portlamay qolsa-ku, barcha masala bir nafasda hal boʻladi-qoladi. Tongga yaqin holdan toygan Soliev bombaning portlab ketishini ham istadi.

U tomon hech qachon talabni bajarmaydi. «Qassob» esa oʻzicha insofga kelmaydi. Shunday ekan, nimadan umid qilmoq mumkin?
— Ha, faraon, charchadingmi? — dedi «Qassob» uning holini anglaganday.
— Charchashimning birovga foyda-ziyoni yoʻq. Oʻzing charchaganga oʻxshaysan. Barmoqlaring titrayapti. Qoʻyib yubora qol oʻsha zormandani.
— Charchabsan, faraon. Oʻlimni boʻyningga oldingmi, demak, tamom boʻlibsan. Ishtoning quruqmi ishqilib? Har holda hoʻl ishtonda oʻlsang sheriklaringga kulgi boʻlasan. Men senga bir yaxshilik qilay: ishtoning qurigunicha kutaman. Ikki soat oldin oʻlamanmi yo keyinmi, menga baribir. Sen, — «Qassob» istehzo bilan tirjaydi. — «mardlarcha halok boʻlsang» bitta medalga ilinib qolasan.

Soliev indamadi. U «Qassob» baqirayotgan paytda talablaridagi qat’iylikning susayganini sezgan edi. Hozir gapirish ohangining ham tundagidan farq qila-yotganini fahmladi. Faqat bu oʻzgarish sababini bilolmadi.
— Faraon, — dedi «Qassob», — qara, atrof yorishib qoldi. Lekin quyosh koʻrinmayapti. Men quyoshsiz kunni yomon koʻraman. — «Qassob» shunday deb picha sukut saqladi-da, soʻng ta’kid etdi: — Juda yomon koʻraman.

«Qassob» toʻgʻrisini aytgan edi. U bolalik chogʻlarida dengiz qirgʻogʻida oʻtirib quyosh chiqishini tomosha qilishni yaxshi koʻrardi. Onasining maishatiga xalal bermaslik uchun koʻchaga chiqib ketganida u koʻpincha qirgʻoqqa borardi. Toʻlin oy nurining toʻlqinchalar bilan oʻyiniga uzoq-uzoq tikilardi. Soʻng esa quyoshni kutib olardi. Toʻlqinchalar yuzini silagan oy nuri qanchalik maftunkor boʻlmasin, ufqni titratib koʻtarilgan quyoshning oʻzgacha latofati bor edi. Bolaning nazarida tabiat chiroyini ochib yuborgan quyosh unga yangi kunda shirin va’dalar berayotganday boʻlardi.

«Bugun otang qaytib keladi», der edi Quyosh.

«Endi seni hecham tashlab ketmaydi», — deb ishontirardi Quyosh.

«Onang endi begonalarni boshlab kelmaydi», — deb va’da qilardi Quyosh.

«Endi tunlari koʻchalarda sanqimaysan», — deb umid chirogʻini yoqardi Quyosh.

«Bugundan boshlab seni birov «shiltaning bolasi» deb kamsitmaydi», — deb himoyasiga olardi Quyosh.

Oʻzining ongida tugʻilgan bu va’dalarga bola ishonardi.

«Otam qaytib kelsa ham, tunlarda sanqimasam ham, baribir seni kutgani tongda kelaman», deb ham va’dalar berardi.

Bulutli tonglarni esa yomon koʻrardi.

Onasi «Otang kimligini oʻzim ham aniq bilmayman», degan rost gapni shubhasizki, aytmas edi. Shu bois «otang bizni boqa olmay tashlab ketgan» degan yolgʻonga bola ishonardi. Quyoshni kutayotgan mahallarida pul topish, boyib ketish yoʻllarini izlardi.

Bir kuni oʻrtogʻiga yuragini oʻrtayotgan orzularini aytdi:
— Pulni nima qilasan, mashina olasanmi? — deb soʻradi oʻrtogʻi.
— Yoʻq, otamni topib, uni boqaman.
— Nega? — deb hayron boʻldi oʻrtogʻi.
— U bizni boqolmay tashlab ketgan ekan. Erkak kishining bunday qilishi — nomardlik. Nomardlik jazosiz qolmasligi kerak. Men uni boqib jazolayman. Har tishlam nonni tishlaganida meni tashlab ketganidan uyaladi, afsuslanadi. Afsuslanib, afsuslanib, yuragi siqilib qiynaladi. Qiynalib-qiynalib, oxiri oʻladi...

Norasidalik chegarasidan oʻtgan oʻsmirning istagi shu edi. U faqatgina Xudoga ma’lum boʻlgan onasini jazolashning turli usullarini moʻl qoʻygan edi. Tasodif tufayli otasini topib, oʻylab qoʻygan jazolash usullaridan biri qoʻllanilgan taqdirda ham u bolani ayblash joiz boʻlarmikin? Har holda valadi zinodan yana nimalarni kutmoq mumkin?

Uning murgʻak qalbi, kirlanishga ulgurmagan ongi farzandini tashlab ketmoqlik nomardlik ekanini fahm etardi. Nomardlar qanday usulda boʻlmasin jazo topmoqliklari shart, deb hisoblardi. Oʻshanda oʻrtogʻiga jazoning oxiri nima bilan yakunlanishini aytmovdi. Uning rejasicha, otasi «afsuslanib-afsuslanib» oʻlgach, tobutga solib koʻmilmaydi. Balki, jasadi krematoriyga topshirilib, kuydiriladi. Uning kuli bir qutichaga solinadi, soʻng muzeyga topshiriladi-da, tagiga «Nomard otaning kuli» deb yozib qoʻyiladi. Buni koʻrgan erkaklar oqibatni oʻylab qoladilar va far-zandlarini tashlab ketmaydilar.

Bolalik tasavvuri shunday edi. Bolalarini tashlab ketuvchilarning hammasiga shunday jazo qoʻllanilsa, muzeylarda joy yetishmay qolishini u oʻylab koʻrmagandi.

Bolalik orzulari oʻttiz kunlik oy nuri kabi unga xiyonat qildi — zulmat qa’riga singib ketdi.

Ammo... quyoshga boʻlgan muhabbati soʻnmadi.

Bulutli tongga boʻlgan nafrati ham susaymadi.

Zotan...

Uning butun umri bulutli tong kabi edi.

Shubhasizki...

Umri adogʻi aynan shunday bulutli kunda boʻlajagini u bilmas edi.

Quyoshli tongni suygan bola umri adogʻida quyoshni bir martagina koʻrmoq ilinjida koʻz yumadi...

Bolaligida tong quyoshi uni aldardi.

Alhol, uning quyoshi xiyonat qildi. Soʻnggi nafasida bir qarab olishni istamadi.

Quyosh-ku... balki istagandir. Biroq, zaharli bulutga chirmalgan umri evaziga bu baxtdan mahrum etilgandir...

U otasining jasadini kuydirmoqni niyat qilgan edi. Niyati oʻziga nasib etadi...

Unga qadar esa...

Changalida bombani ushlaganicha, hazin ovozda:
— Quyoshsiz kunni yomon koʻraman, — dedi.

Mayor Soliev uning ovozidagi xazinlikni sez-di-yu, «ishqilib bu oʻzgarish yaxshilikka boʻlsin-da», deb oʻyladi.
— Faraon, sen Xudoga ishonaman, deding, a? Shaytonga-chi? Shaytonga ishonasanmi?

Soliev darrov javob bermadi. «Qassob» ham «tez boʻl!» deb qistamadi. «Agar bu dunyoda shayton boʻlsa, bu sensan», deb oʻylagan Soliev fikrini sirtiga chiqarmadi. Ilohiy tuygʻulardan mahrumligi bois ruhlari oʻlik, hayvoniy hislari esa quvvatli bu odamga nisbatan shu gaplar aytilsa, balki shayton alayhila’na ranjirmidi... Iblis «Qassob»ni hidoyat yoʻlidan adashtirgani rost, Xudoga begona qilgani toʻgʻri, xiylalari toʻriga oʻragani, vasvasalari gulxanida qovurgani ayni haqiqat. Biroq, iblisning oʻzi xotinlarni oʻldirib, goʻshtlaridan chuchvaralar tugib yemagandir... «Eng shirin chuchvara sen maishat qilgan juvonning goʻshtidan boʻladi», degan xiylasiga ishontira olgan iblis hozir «Qassob» laqabli bandasining qonlarini koʻpirtirib qanday vasvasa qilyapti ekan? Yoki «mana, oxirgi manzilingga eson-omon yetib kelding, endi men senga doʻst emasman», deb qochib qoldimi?

Ajab... «Qassob» umrining soʻnggi soatlarida nechun qadrdoni shaytonni eslab qoldi? Qizigʻi shuki, shayton yetovida yurguvchilar hamma vaqt ham oʻz yoʻlboshchilarini eslayvermaydilar.

Bir ozlik sukutdan soʻng «Qassob» qadrdonini nima sababdan eslaganini ma’lum qildi:
— Men shaytonga ishonaman, — dedi u. — Bilib qoʻy: barchalarimizning xoʻjayinimiz shayton boʻladi. Mening shaytonim baquvvatmi, demak, men zoʻrman. Seniki kuchlimi, demak, sen zoʻrsan.
— Hozir... sen zoʻrmisan? — deb soʻradi mayor Soliev.
— Zoʻr boʻlmasam shuncha odam atrofda titrab turarmidi? Lekin... faraon, bilib qoʻy: shayton har bir odamning koʻkragiga mana shunaqa bombani bosib turadi.
— Keyin portlatadimi?.. Qachon portlatadi?
— Har kuni portlatadi. Keyin yurakni qiyma-qiyma qilib yeydi.

Ertasiga yurak yana oʻsib chiqadi, u yana portlatadi, yana yeydi.
— Falsafang qiziq ekan. Men shayton tomirlardagi qonga aralashib oqib yuradi, deb eshituvdim. Sen oʻsha shayton bilan olishib koʻrmaganmisan?
— Nega olishaman? U menga doim quvvat bergan.
— Yuragingni qiymalashichi?
— Buni azob deb oʻylayapsanmi? Yoʻq, bu men uchun zoʻr rohat edi.
— Hozir ham rohatlanyapsanmi?
— Ha.
— Oʻzingni oʻzing aldama: hozir qoʻrqyapsan!
— Aljima, faraon... — Qassob shunday deb bir siltab, bombani uning koʻkragiga qattiqroq bosdi.
— Shaytoning endi senga quvvat bera olmaydi. Yoʻl ham koʻrsata olmaydi. Bittagina yoʻling bor sening.
— Bittagina yoʻl? Taslim boʻl, demoqchimisan? Aqling kalta ekan, faraon. Ikkinchi yoʻl-chi? Panjalarimni ochib yuborish uchun menga quvvat shart emas. Yana bitta yoʻlim bor. Balki... koʻrarsan.
— Hamma yoʻllaringning nomi bir — chorasizlik.
— Boʻldi, oʻchir! Falsafa soʻqma menga.
— Men falsafa soʻqiydigan faylasuf emasman. Toʻgʻri gapni aytyapman. Sen katta fojianing halqumidan boʻgʻib turibman, deb oʻylayapsanmi? Panjalaringni ochib yuborsang dunyoni larzaga soladigan fojia yuz beradimi? Tomizgʻichda dengiz suvidan ikki tomchi olib tashlansa nima oʻzgaradi? Dunyo gʻariblashib qoladi-mi?
— Tomchi dedingmi? Toʻgʻri aytding. Sen chindan ham arzimas bir tomchisan. Shuning uchun ham million soʻm ham, samolyot ham menga berilmaydi. Nega laqillatishayotganlarini bilmaymanmi? Xoʻjayinlaring Mos-kvadan buyruq kutishyapti. Moskva marhamat qilib «soʻraganini berlaring», desa berishadi. Ikkovini otib tashla, desa, otib tashlashadi. Moskva uchun sen kimsan? Hech kimsan. Sendaqalar millionta. Moskva nimadan qoʻrqadi, bilasanmi? Xalqaro janjaldan. Bu yerda esa xalqaro janjal yoʻq. — «Qassob» shunday deb yengil titrab oldi. — Faraon, toʻgʻri aytibsan, charchabman. Hamtovoqlaringga ayt, bir shisha aroq berishsin.

Soliev «Qoʻy, bu ahvolda ichma», demoqchi boʻldi-yu, aytajak gapi xarsangtoshga otilgan kesak kabi naf bermasligini bilib, tilini tiydi. Shuning barobarinda «bunga aroq beringlar» ham demadi. Chunki «Qassob»ning baralla aytgan gapini sal narida turgan yigitlar eshitishgan, ular uchun Solievning tasdiq ma’nosidagi ishorasi kifoya edi.
— Zaharlamay olib kellaring, avval sheriklaring ichadi, — dedi «Qassob» yigitlarga qarab. Soʻng yana buyurdi: — avtomat yukxonadagi qirq yettinchi boʻlinmani ochasanlar. Shifri — 01958. Sumkani olib kelasanlar. Qulfini ochishga harakat qilmalaring, bombaga ulangan.

Soliev sumkani nima maqsadda oldirib kelmoqchi boʻlganini fahmladi:
— Xumori tutdimi?— deb soʻradi u xotirjam tarzda.
— Ziyrak ekansan, faraon. Sheriklaringga ayt: men quruq poʻpisa qilmayapman. Sumkada rostdan ham kichkinagina bombacha bor. Kichkinagina boʻlsa ham uch-toʻrt hamtovogʻingni tinchitishga kuchi yetadi.

Soliev buyruqni bajardi.

«Qassob»ning talabi ham tezlikda ado etildi.

Sumka oyogʻi ostiga qoʻyilgach, u kuldi.
— Qara-ya, faraon, aroqni bir pasdayoq olib kelishdi. Mashinalaringda maishat uchun olib yurasanlarda, a? Men ahmoq, samolyot soʻrab oʻtiribman. Aslida seni ikki shisha aroqqa almashtirib yuborsam boʻlarkan. Endi narxingni bildingmi? Qani ol, och aroq- ni. — Soliev buyruqni bajargach, «Qassob» shishaning yarmidan sal yuqorirogʻiga barmogʻini tirab dedi: — Shu yergacha ich. Qolgani menga.
— Men ichmayman, — dedi Soliev.
— Sendan «ichasanmi?» deb soʻramadim, «ich!» dedim.

Soliev odobli bola singari buyruqqa itoat etib shishani koʻtardi, biroq, ikki qultumdan keyinoq qalqib ketdi. Yoʻtali bosilgach, keyingi buyruqqa itoat etgani holda sumkani koʻtardi.
— Hojatxonadagi uchta sheriging dimiqib ketishgandir, ayt, daf boʻlishsin, — deb buyurdi «Qassob».

«Obbo zangʻare, shuni ham bilib turgan ekan-da?» deb oʻylab, yigitlarga ishora qildi. «Qassob»ning talabi bajarilgach, hojatxona sari yurdilar. Soliev eshikni ochib, ostona hatlayman, deganida «Qassob» uni toʻxtatib, orqasiga oʻgirildi:
— Sheriklaringni toʻsib olaman, qiynalib ketdi. Xalaqit bermalaring. Eshikni ochgan — oʻladi!

Ichkari kirishgach, «Qassob» kishanning kalitini soʻradi. Kalit shimning choʻntagida, Soliev kishanli qoʻli bilan ololmas edi. Shunda «Qassob» panjasidagi bombani Solievga tutdi:
— Ushla, faraon, jon shirin boʻlsa, mahkam ushla.

Panjalariga bomba tegishi bilan Solievning yuragi «shuv» etib ketdi. Bosh barmogʻi bilan ehtiyot tugmasini bosgunicha tovonidan sochining uchiga qadar bir sovuqlik yugurib oʻtdi.

«Qassob» esa xotirjam ravishda uning choʻntagiga qoʻl solib, kalitni oldi. Oʻzining bilagidagi halqani yechib, Solievni suv quvuriga kishanlab qoʻydi-da, eshikka xavotir bilan qarab-qarab olganicha sumkani ochdi. Undan yelim xaltacha olib, kaftiga kukun tashlagach Solievga «ana endi xumorbosdi qilaman» deganday qarab oldi. Keyin kukunni burniga tortdi. Koʻzlarini yumib chuqur nafas oldi. Huzurli onlardan rohatlangach, bu kayfni quvvatlantirmoq maqsadida aroqni koʻtardi.
— Sen dunyoning mazasini bilmaysan, faraon. Oʻlsam ham menga alam qilmaydi. Chunki men maza qilib yashadim. Men qamoqdan oʻlimdan qoʻrqqanim uchun qochmadim. Oʻlimimni kutib yotishdan bezib qochdim. — Shunday degach, yana kukun hidladi.
— Faraon, — dedi u huzurlanib koʻzlarini yumgani holda. — Seni bir millionga olishmadi. Sening oʻlimingga rozi ular. Lekin men rozi emasman. Kel, sen bilan shartnoma tuzaylik: men sening hayotingni saqlab qolaman. Sen esa mening oʻligimni krematoriyga yoqtirmaysan. Odam qatorida tobutga solib koʻmdirasan. Goʻrimning tepasiga bitta but ham qoʻydirasan.
— Xudoga ishonmaysan-ku?
— Ishonmasligim toʻgʻri. Lekin... kim biladi, balki bordir? Sen ehtiyotdan but qoʻyaver. Balki foydasi tegib qolar. Kelishdikmi?
— Kelishdik.
— Senga ishonchim boʻlmasa ham ishonyapman. Boshqa ilojim yoʻq. Faraon, umringda bittagina oʻgʻil bolalik qil: va’dangni bajar, xoʻpmi?

«Qassob» shundan soʻng gapirmadi. Soliev ham uni kuzatib jimgina oʻtiraverdi. Aroqning soʻnggi qultumi bu dunyodagi huzurli rohatning soʻnggi nafasi yakunlanganiga dalolat boʻldi. «Qassob» shishaning boʻgʻzidan ikki barmogʻi bilan ushlaganicha baland koʻtardi-da, uning ichidan bir nima izlagandek tikilib turdi. Soʻng bexos tashlab yubordi. Shisha chil-chil sindi. «Qassob» chap kaftida qolgan kukunni shisha siniqlari ustiga sochdi-da, Solievga yaqinlashib, panjasidan bombani oldi, ammo ehtiyot tugmasini bosmadi.
— Faraon, boʻldi, oʻzingni qiynama. Bu bomba port-lamaydi. Senlarni laqillatib xumordan chiqdim. Menga shu yetadi, — «Qassob» shunday deb bombani tuvakka tashladi.

«Qassob» portlamaydi, degani bilan Soliev kuchli portlashni kutdi. Ana shunda yuragi yana bir qalqidi. «Qassob» esa yon choʻntagidan ikki toʻpponchani oldi-da, oʻqdonni tekshirib, Solievga qaramagan, «xayr» ham demagan holda eshikka yaqinlashdi-yu, uni zarb bilan tepib ochib tashqariga otildi.
— Qani, otlaring endi! — degancha hayqirib toʻpponchalarning tepkilarini bosdi.

Soliev jonholatda:
— Otmanglar! — deb baqirdi.

Lekin uning ovozini hech kim eshitmadi. Pala-partish otishma bir necha soniyada tindi.

Soliev shularnigina eslaydi.

Yoʻq, boʻshashib, nafasi qayta boshlaganida yigitlar kirishdi...

Demak, oʻzi chidasa ham yuragi dosh berolmabdi-da...

Soliev bir oz oʻziga kelgach, «Qassob»ga bergan va’dasini esladi. Esladi-yu, nochor ekani ham ma’lum boʻldi: u behush yotgan kunlarda «Qassob»ning egasiz jasadi kuydirilgan edi...

3

Yer osti yoʻlagiga olib tushuvchi zinapoyada mayor Ilyosovni koʻrgan Zohid unga yaqinlashgan onda bekat hojatxonasidagi «Qassob» chap kaftidagi kukunni shisha siniqlari ustiga sochgan edi. Zohid Ilyosovdan «Nima gap?» deb soʻrashga ham ulgurmay, ichkarida otishma boshlandi. Bir daqiqa atrofida davom etgan pala-partish otishma tingandan soʻng ham oʻrab turgan soq-chilar halqasi tarqalmadi. Zohid-ku, endigina keldi, ta’bir joiz boʻlsa, u «chaqirilmagan mehmon». Ammo tuni bilan mijja qoqmay, soqchilikda turgan Ilyosov ham ichkariga qoʻyilmadi. Aslida Zohidning ichkarida qiladigan ishi ham yoʻq, ustozi Maqsud Solievning taqdiri ham u uchun noma’lum edi. Atrofda yurgan odamlardan farqsiz oʻlaroq, unga ham ichkarida nima voqea yuz berganini bilishgina qiziq edi. Solievning tuni bilan garovda ushlab turilganidan xabardor boʻlgan Ilyosov esa birodari taqdiridan xavotirlangani tufayli ichkariga intilgan edi.

Otishma tingach, sal chetroqda shay turgan «Tez yordam» mashinalari bekatning oynavand eshiklari qarshisiga kelib toʻxtashdi. Zambil koʻtarib shoshib yurilganidan icharida hamma masala hal etilgani ayon boʻldi. Avval boshdan oyoqqacha choyshab tortilgan odamni olib chiqishdi. «Kimdir oʻlibdi... Kimning jasadi bu?»... degan savol nazari bilan Zohid bilan Ilyosov bir-birlariga qarab oldilar. Savolga ikkovlarida ham javob yoʻq edi. Bekatni oʻrab turgan soqchilar halqasi zaiflashib, chekindi. Ular bekat eshigiga ancha yaqinlashishganda yana bir zambil koʻtarib chiqildi. Zohid «Tez yordam» mashinasidan oʻn besh qadamcha narida turgan boʻlsa-da, koʻzlari yumuq, ranglari oqargan Solievni tanib, yuragi «shuv» etib ketdi. «Yaralanganlarmi, yo... Ilyosovga qaragan Zohid uning koʻzlaridan ham ayni savolni uqdi. Ularning qarashidagi savol ham bir, javob ham bir edi: yaralangan! Xayollaridagi javobning xatoligini ular keyinroq biladilar.

Oʻsha kuni Ilyosovdan «Ish»ga aloqador gaplarni soʻrashning mavridi emasdi. Odamlar tarqay boshla-gach, Zohid ham ishiga qaytdi-da, Shokarimov oʻlimiga doir ma’lumotlarni qaytadan sinchiklab oʻqiy boshladi. Marhumning shaxsiga taalluqli satrlarga kelganda nigohi bir nuqtada qotdi. «Kecha nima uchun e’tibor bermadim? Bu tasodifmi?..» degan xayolda Shokarimov ishlagan joylarning nomlarini qayta oʻqidi. Beton zavodiga oʻtguniga qadar taksoparkka direktor boʻlgani sirli qulfni ocha oluvchi kalit boʻlib koʻrindi. Zohid yon daftarchasiga taksopark raqamini yozib, tagiga uch-toʻrt chiziq tortdi-da, undov va soʻroq belgilarini qoʻydi. Bu taksopark Zohidga yaxshi tanish edi. Shilimshiq oʻz oʻlimini topguniga qadar aynan shu saroyning yangi «Volga»sini minib yurgan. Aynan shu Shokarimov va uning qanotidagilar taksoparkdan mashina «oʻgʻirlanganini» to Shilimshiq oʻldirilguniga qadar «bilmay» yurishgan. Ustiga ustak, Kesakpolvonning topshirigʻini bajarib, oʻlikxonadan murda olib borib bergan Sayfi Turdiev ham aynan shu yerda ishlardi.

Zohid yon daftarchasidagi yozuvga tikilganicha oʻylanib qoldi. Nazarida hozirgina yozib, ostiga chizilgan raqam oddiy belgi emas, balki sirlar sandigʻining sirli ochqichi edi. Zohid barmoqlarini yoyib, sochlarini yuqoriga qarab qayta-qayta taradi. Soʻng peshonasidagi teri bilan et orasiga chumolilar kirib olganday gʻimirlab gʻashini keltira boshlagach, chap kafti bilan siladi. Oʻylagani sayin oʻylari uni oʻzi istamagan holda asadbeklar olami tomon tortaverdi. Agar asadbeklar olami shaxmat taxtasiga qiyos etilsa, Zohidning fikricha, Shokarimov ham Namozov kabi piyodalardan biri edi. Shohning manfaati uchun piyodalarning qurbon boʻlishi tabiiy bir hol. «Piyoda» Shokarimov qanday manfaat uchun qurbon qilindi ekan? «Piyoda» Namozov ilmli, olim edi. Bunisi esa hunar-texnika bilim yurtini tamomlagan. Demak, maktabdagi oʻqishini qoyillata olmagan. Oʻqituvchilarning zoʻri bilan «hunar oʻrganish ishtiyoqida» bilim yurtiga borgan. Kasbi — gʻisht teruvchi! Bu ham Zohid uchun ajablanarli sir edi. Shokarimovning qoʻliga gʻisht ushlagan-ushlamagani qanchalar jumboq boʻlsa, uning qaysi yoʻllardan yurib taksopark boshligʻi kursisiga oʻtirgani shu qadar sir edi. Zohid «Ish»ni qayta-qayta oʻqib «Shokarimovning oʻynashi ham, haydovchisi ham besabab ushlab turilibdi, ehtiyot chorasi oʻzgartirilishi kerak» degan toʻxtamga keldi. Ammo Ilyosov bilan suhbatlasha turib qarorini amalga oshirishga shoshilmadi.

Bekatdan qaytar mahalida ustozining yaralanmaganini, balki yuragi oʻynab, hushsiz boʻlganini eshitgan edi. Peshindan keyin Solievning ahvolidan xabar olgani kasalxonaga bordi-yu, «infarkt» degan tashhisni eshitib, beixtiyor ravishda «Nega?» deb yubordi.

Solievning hayotidan bexabar odam «Qassob»ning panjasidagi bombadan qoʻrqib yuragi ishdan chiqibdi», degan xulosaga kelishi mumkin. Har holda bekatdagi tunni bedor oʻtkazganlar, ayniqsa, Solievni behush holda koʻrganlar shunday deb oʻylashgan edi. Holbuki «Qassob»ning panjasidagi bomba soʻnggi turtki edi. Bu soʻnggi turtkidan xabarsiz boʻlgan Zohid kasalxona hovlisidagi kimsasiz ayvon ustuniga suyanib, zaif qor uchqunlarining sar-sari uchishlariga tikilib turardi. U ustozning hayotini qisman boʻlsa-da bilgani uchun «Nega?» degan savoliga oʻzi javob topdi. Necha haftalab, hatto oylab bedor yurib, jonini garovga qoʻyib jinoyat ildizini ochganida bittagina telefon qoʻngʻirogʻi bilan barcha harakatlari chippakka chiqarilganida yuragidagi bitta tomir uzilmadimikin? Jinoyat ishi kattalardan birining tantiq oʻgʻliga taqalganida, qat’iy turib olgani uchun «oʻz vazifasiga munosib emas», degan tamgʻa bilan ishdan chetlatilganida-chi?

Soliev boshiga tushgan savdolardan ayrimlarini ibrat tariqasida aytib berganida Zohid «yuragingiz temirdan ekan, chidabdi», degandi. Mana endi ma’lum boʻldi, yuragi temirdan emas ekan.

Zohidning qishlogʻida, ularnikidan olti xonadon narida bir odam yashardi. Asl ismi Gʻayrat boʻlgan bu kishini hech kim oʻz nomi bilan atamay, qisqa va loʻnda qilib «Gʻiybat» deb yuritishardi. Uning yana bir laqabi «Ofat» boʻlib, ayrimlar boriga baraka usulida uni «Gʻiybat Ofat» deb ulugʻlashardi. «Gʻiybat» deyilsada — yarashiqli, ofat deyilsa-da — arzirli bu odam atrofdagilarning yoqtirmasliklarini faxmlardi. Shu bois duch kelgan xonadonga kirib, oʻzida yoʻq obroʻsini toʻkkisi kelmas, moʻmin-qobil boʻlgani uchun Zohidning otasi bilan hamsuhbat boʻlishni yoqtirardi. «Hamsuhbat» deyish ham nisbiy tushuncha. Chunki Zohidning otasi suhbatlashmas edi, tilining tagiga bir chekim nos tashlab faqat eshitardi. Oʻn ikki yil muqaddam Zohid Gʻiybat Ofatning rais bilan olishuvi haqidagi «axborot»ni bexos tinglab, gʻazablangan edi. «Menga moshin bermaguningacha har kuni kelaman, yuqoriga yozib seni tinchitmayman. Yo sen menga moshin berasan, yo men seni infarkt qilaman!» Gʻiybat Ofat bu gapni alohida bir gʻurur bilan aytgan edi.

Rais bu odamning aybi bilanmi yo boshqa sababdanmi infarktdan koʻz yumgan edi. Oʻshanda Zohid «pichoq urib yoki boʻgʻib oʻldirganni «qotil» deymiz, qamaymiz, hatto oʻlimga hukm qilamiz. Raisning qotili kim? Gʻiybat Ofatni ayblay olamizmi? Pichoq urmoq bilan infarktga olib bormoqning farqi nimada? Faqat usul boshqa, oxir oqibat esa bir — bevaqt oʻlim!»

Hozir kasalxona hovlisidagi ayvon ustuniga suyanib turgan Zohid shularni esladi. Eslay turib «birovlarni infarkt qiluvchi odamlarning oʻzlari ham infarkt boʻlarmikinlar? Ular qanday holda jon berarkinlar?» deb oʻyladi.

4

Ilyosov joyiga oʻtirgach, peshonasini tirishtirganicha Zohidga qaradi. Zohid bu qarashdan «Uka, bemavrid kelibsan, boshimni qotirma», degan ma’noni oʻqib, xona sohibining soʻz boshlashini kutdi. Ilyosov esa erinchoqlik bilan stol tortmasini ochdi-da, sigaret olib, labiga qistirdi.
— Nima boʻlganini eshitgandirsiz? — U shunday deb soʻrab, javob kutmay sigaret tutatdi.
—Kasalliklarini bildim.
— Xudo bir asrabdi oshnamni. Undan koʻra yelkasidanmi yo sonidanmi yaralangani ming marta yaxshi edi. Infarktning ishi qiyin, uka. Endi uni bu idorada boshqa koʻrmaysan, majruhlikka chiqarib yuborishadi. Mana shunisi infarktning oʻzidan ham yomonroq. Umr boʻyi koʻchada yurgan odamning «qachon infarkt boʻlarkinman, ikkinchisida oʻlarmikinman yo uchinchisidami?» deb uyda Azroil kelishini kutib oʻtirishi osonmi? Meni qancha kutdingiz?
— Yarim soatcha.
— Odam odamni yarim soatmi yo besh soatmi kutsa betoqatlanadi. Har daqiqa, har soatda oʻlimni kutsa-chi? Buni hech oʻylaganmisiz? Siz hali yoshsiz, xayolingiz boshqa yoqda. Men ham kam oʻylayman buni. Lekin oshnam endi tinmay shuni oʻylayveradi. Oʻylay-oʻylay oʻzini yeb ado qiladi. Infarkt nima, bilasizmi? Bu kasallik emas, aslida Azroilning tashrif qogʻo-zi. Kutilganga nisbatan kutilmagan mehmon ancha durust.

Ilyosov hayot va mamotga doir falsafasini aytib boʻlgunicha Zohid toqat bilan oʻtirdi. Ortiqcha gap qoʻshmadi. Yaqin odami boshiga kulfat yogʻilsa yoki xastalikka chalinsa kishi «bu mening taqdirimda ham bordir» deb xavotirlanadi. Oʻzini gumonidagi kulfatni qarshilashga ruhan tayyorlaydi. Hozir Ilyosov hamkasbining taqdiridan kuyib gapirayotgan boʻlsa-da, koʻnglining bir chetida «kaminaning yozugʻi ham shu» degan haqiqat gʻimirlardi. Oʻzining ham qachondir infarkt boʻlishi mumkinligi haqidagi fikr kechmish va kelajakka oid falsafalarini toʻkib solishga undardi. Zohid hamsuhbati ruhiy holatidagi tugʻyonni sezgani uchun ham xalal bermay tek oʻtirdi.

Azaga kelgan xotin rostdanmi yo yolgʻondanmi harchand yigʻlamasin, oqibat oʻzining tashvishlariga koʻchadi. Ilyosov gapira-gapira bir oz yengil tortganday boʻlib, «bu yigit mening hasratimni eshitgani kelmagandir», degan xijolatda izoh berdi:
— Maqsud akangiz sizga ustoz boʻlganlari uchun aytyapman bu gaplarni.

Ilyosov bir necha nafas sukut saqlagach, falsafa olamidan haqiqat dunyosiga koʻchdi:
— Shokarimovning ishini sizga berishibdi, eshitdim. Mendan biron narsani soʻramoqchimisiz?
— Ha, — Zohid shunday deb oʻrnida bir qimirlab oldi. — Qogʻozga tushmagan gaplar boʻlsa...
— Qogʻozga tushmagan gaplarmi? — Ilyosov Zohidga tikilib qoldi. — Qogʻozga tushmay qolgan gaplarning asosiysini Shokarimov oʻzi bilan goʻrga olib ketgan. Uncha-buncha qolgan gaplar oʻynashi bilan haydovchisining tilida turibdi. Bilmadim, haqiqatni tillariga qoʻshib sugʻurib olish kerakmi? Har holda men ulardan kerakli ma’lumot ololmadim. Balki sizga yorilib qolishar? Siz qidiradigan sir shu ikkalasining orasida. Uzoqqa borib yurmang, uka.
— Oʻlimga boshqa sabab ham boʻlishi mumkinmi?
— Masalan?

Zohid taksoparkka asadbeklarning ta’siri borligini aytishni istamadi. Shilimshiq, Sayfi Turdievga doir gaplarni bu odam bilmasligi ham mumkin. Bilmasa, xabardor boʻlmay turgani ham ma’qul. Alhol Zohidning maqsadi uni gumonlaridan ogoh etish emas, bilaks, undan biron yangilik eshitish edi.
— Masalan... taksopark direktorining beton zavodiga boshliq boʻlib qolishi meni ajablantiryapti. U sohada ham bu sohada ham ma’lumoti yoʻq ekan?
— Bunaqa oʻrinlarda oʻtirish uchun ma’lumot shart emas, uka. Pul sanashni, pulni toʻgʻri taqsimlashni bilsa boʻldi. Siz kitob koʻrib ulgʻaygan yigitsiz. Agar qoqilmayin desangiz, endi bu kitoblaringizni chetga qoʻyib hayotning kitobini oʻqing.

Ilyosovning bu oʻgiti Zohid uchun yangilik emasdi. Ilmdagi muallimi Habib Sattorovdan ham, bu sohadagi ustozi Maqsud Solievdan ham eshitgan. Yoshi ulugʻroq odam borki, Zohidga oʻxshaganlarga shunday maslahat qiladi. Zohidga bu gaplarni eshitaverish erish tuyuladi. Chunki u hayot boshqa, kitob boshqa degan fikrni mutlaqo hazm qila olmaydi. Uning aqidasiga koʻra, har qanday kitob hayot tajribasiga asoslangan tarzda yuzaga keladi. «Dono»lardan biri Zohidga «hayot kitobini oʻqing», deganida u gʻashlanib:
— Oʻzingiz hech kitob oʻqiganmisiz? — deb soʻragan edi.
— Kitob oʻqib, boshimni ogʻritib nima qilaman, men hayot koʻrganman, — degan edi «Dono». Oʻshanda Zohidning tili qichib oʻrtogʻiga aytgan gaplarni aytib yuborgan, keyin afsuslanib «Dono» ranjiydi, deb oʻylagan edi. Ammo «Dono» Zohidni hayron qoldirib ranjimadi. Holbuki u gap uncha-buncha odamning badanini teshib yuborishi mumkin edi: bir kuni Zohid uyda yotganida hamqishloq oʻrtogʻi yoʻqlab keldi.
— Ha, yana bosh ogʻriyaptimi? — deb koʻngil soʻragach, oʻzicha tashxis qoʻydi: — Kitobni koʻp oʻqiysan-da. Men senga ming bir marta aytdim: hadeb oʻqiyverma. Mana men bitta ham kitob oʻqimaganman. Shu yoshga kirib bir marta ham boshim ogʻrimadi.

Zohid oʻrtogʻiga yarim hazil, yarim chin ohangida:
— Boshingning ogʻrimasligi kitob oʻqimaganingdan emas, sen yana yuz yil yashasang yuz yil bosh ogʻrigʻi nimaligini bilmaysan. Senda ogʻriydigan boshning oʻzi yoʻq, — degan edi.

Hozir Ilyosovga ham shunga oʻxshagan gap aytvoray dedi-yu, tilini tiydi. Fikrni chalgʻitmaslik uchun muddaodan chetlamadi:
— Oʻynash bilan haydovchiga qoʻllanilgan ehtiyot chorasi sal oshirib yuborilmaganmi?
— Men ularni oʻz bilgimcha qamamadim. Jinoyatga aloqasi boʻlgani uchun men taklif etdim, prokuror tasdiqladi. Xotinini qamab qoʻyganim yoʻq-ku?
— Ehtiyot chorasini oʻzgartirsammikin, siz nima deysiz?
— Endi uka, «Ish» sizning qoʻlingizda. Nima qilsangiz qiling. Faqat shoshilmang. Xoʻjayinlar «Ha, boʻl!» deb turishsa ham arqonni uzun tashlayvering. Men shoshilmagan edim, «Ish»ni sizga olib berishdi. Aqlim yetganicha gumonlarim bor, ammo buni hozir sizga aytmayman. Oʻzingiz bir harakat qilib koʻring. Keyinroq maslahatim zarur boʻlib qolsa kelarsiz.

Ilyosovning bu tarzda suhbatga yakun yasashi Zohidga malol kelsa-da, ogʻir olganini sezdirmay xushmuomalalik bilan xayrlashdi. Umri «Ugro»da oʻtayotganlarning tergovchilarni, ayniqsa, yoshlarni xushlamasligi, ayrim holatlarda mensimasligi Zohidga ayon. Barcha sohalarda bor boʻlgani kabi yosh-qari mutaxassis orasidagi muammo bunda ham mavjud. Yoshlar kattalarni dogmada, ya’ni qotib qolganlikda ayblashadi. Kattalar esa ularni «dumbul» deb bilib ishlaridan ayb izlashaverishadi. Kamchilik topilgan taqdirda mamnuniyat bilan tanbeh berishadi. Musulmon odobiga zid oʻlaroq, biron yoshning qoqilishini istovchilar ham yoʻq emas. Afsus shuki, bu toifa «yosh birodarim iloyim qoqilmasin, qoqilguday boʻlsa oʻzim suyayman», demaydi. «Qoqilsin, yiqilsin, peshonasi gʻurra boʻlsin, burni qonasin, shunda koʻzi ochiladi, mening qadrimga yetadi», deb umid qiladi. Quruq umid bilan kifoyalansa koshki, ba’zan kishi bilmas tarzda qoqilishiga yordam berib qoʻyadi. Zohid bunday kimsalarni ilm olamida ham koʻrdi, bunda ham uchratib, koʻzi pishdi. Xayriyatki, tunning muqobilida kun boʻlgani kabi, yomonning payini qirquvchi yaxshi ham bor. Soliev shu toifadan boʻlgani uchun Zohid uni behad hurmat qilardi. Zohid «Ilyosov Solievning aksi», degan fikrdan uzoq. U haqda yomon gap eshitmagan. Ajablanarlisi shuki, yaxshi gap ham, aytaylik, «falonchiga yordam beribdi, qoʻllabdi, yonini olibdi», deganga oʻxshash olqish ham qulogʻiga chalinmagan.

Birovga yaxshilik ham, yomonlik ham qilmaydigan odamdan ehtiyot boʻlish kerakmi yo faqatgina ablahlikni kasb qilib olgandan qoʻrqish zarurmi — Zohid bu masalani ham oʻzicha hal qilib olgan: u uchun keyingi toifa xatarli emas, chunki bunday odamlarning hujumiga ertayu kech shay turasan. Ilimiliq (Zohid birinchi toifani shunday ataydi) odamlar oftobda qolgan suvga oʻxshaydi. Chanqab kelasanu icholmaysan, ichsang koʻngling agʻdariladi.

Ilyosov ayrim ishlarni Soliev bilan birga bajarardi. Uning tajribali, mulohazali ekani Zohidga shundan ma’lum. Ilimiliq ekanini yaxshi bilmas ekan, bugungi muomalasidan bunga amin boʻldi. Zohid lozim boʻlib qolganda Ilyosovni bu ishga jalb qilishi mumkin edi. Xonadan chiqa turib «bu ilimiliqsiz ham kunim oʻtar», deb qoʻydi.

5

Mirkarimovning uyida motamsarolik soyasi yoʻq edi. Koʻk kiygan ayolni, gʻamnok bolalarni uchratarman, deb oʻylagan Zohid yanglishdi. Keyin «Bu uydan oʻlik chiqqaniga ancha boʻldi shu paytgacha oh-voh qilib oʻtirisharmidi», degan fikrga keldi.

Ba’zilar pul topadilaru aql topmaydilar. Yo dan-gʻillama uy soladilar. Yoki dovrugʻi yetti iqlimga ketadigan toʻy qiladilar, yo har yili bir marta, ishtahalari kelib qolsa, ikki marta mashinalarini yangilaydilar, shu zaylda qarmoqqa ilinganlarini oʻzlari ham sezmay qoladilar: «Sotsialistik mulkni talon-taroj qilish»da ayblanib bor budlaridan ayriladilar. Zohid darvoza oldida turganicha atrofni kuzatib «Mirkarimov bu toifadan boʻlmagan ekan», degan toʻxtamga keldi. Dabdabali toʻy qilganmi-yoʻqmi — hozircha bilmaydi. Bilgani — Mirkarimovning nomida mashina ham, uy ham yoʻq. Uy qaynonasining nomida, sutrang «09» xotinining nomida. Mirkarimovning aqliga besh ketish kerakki, faqat xotinigina oʻzining nomida. Qoʻlga tushguday boʻlib sud «mol-mulki davlat hisobiga musodara qilinsin», degan hukm chiqarganda ma’lum boʻladiki, bu «bechora»da mol-mulkning oʻzi yoʻq. Agar jinoyat kodeksida «Xotini ham musodara qilinsin», degan modda boʻlsami, bu zotlar xotinni ham boshqa birovning nomiga rasmiylashtirib qoʻyisharmidi, vallohi a’lam?

Bu dunyoning qonunlarini shu tariqa chetlab oʻtish mumkin. U dunyodagi soʻroqlardan qay tarzda boʻyin tovlanar ekan? U dunyoda xotinning nomidagi mashina qay tarzda xarid qilingani xususida ham hisob berilarmikin?

Shahar chekkasidagi qishloqda chiroyli peshtoqli, koʻkrak kerib turgan oq tunukali uylar koʻzga deyarli tashlanmaydi. Aksincha, sinchi yoki paxsasi koʻtarilib, u yogʻiga qoʻl kaltaligi tufayli tashlab qoʻyilgan uylar koʻproq. Mirkarimovning uyi boshqalardan farqli oʻlaroq, koʻcha yuziga emas, bogʻ ichkarisiga qurilgan. Uyning dabdabasini bogʻdagi daraxtlar yomon koʻzlardan himoya qilib turadi.

Zohid toʻrt paxsa balandligidagi devor bilan oʻralgan bogʻ darvozasi oldida chalingan qoʻngʻirogʻiga javob kutib ancha turdi. Betoqatlansa-da, tirqishdan moʻralashdan oʻzini tiydi. Toʻrtinchi qoʻngʻiroqdan soʻng darvoza ortida ayolning «Kim?» degan ovozi eshitildi. Zohid oʻzini tanitgach, darvoza oʻrtasidagi eshik qiya ochilib, egniga paxtalik nimcha kiyib, yelkasiga jun roʻmol tashlagan, kipriklari uzun-uzun, qoshlari kamalak kabi egilgan chiroyli juvon koʻrindi.

«Qoshu yosimu deyin, koʻzi qarosinmu deyin», degan ashulani shoirlar shunday goʻzallarga qarab turib yozishganda...» Zohid buni ayni damda, darvoza ostonasining bu tomonida turganida emas, keyinroq qaytar mahalida oʻylaydi. Hozir esa savol nazari muhrlangan chiroyli koʻzlarga qarab turib maqsadini aytdi. Juvon «bu odamning uyga kirishga haqqi bormi, qoʻyaymi yo qoʻymaymi», degan oʻyda picha turdi-da, soʻng chekinib eshikni kengroq ochganicha «kiring», deb yoʻl boshladi. «Uyda erkak yoʻq, gapingiz boʻlsa shu yerda soʻrayvering», deyish «erkaksiz uyga begonalarni kiritma», degan odobdan dars olmagan juvonning xayoliga ham kelmadi. Uning izidan borayotgan Zohid «bu qizimi yo kelinimi?» deb oʻzicha fol ochdi. Bu koʻhlik juvon Mirkarimovning ikkinchi xotini degan haqiqat tushiga kiribdimi?

Qishning hukm surish vaqti taqvimga koʻra adogʻiga yetgan boʻlsa-da, sovuq nafasi hukmronlikni davom ettirayotgani sababli tashqarida turib gaplashish imkoni yoʻq edi. Kungay qilib solingan oynavand ayvon issiq ekan. Zohid «shu yerda oʻtira qolaylik» degan taklifni aytishga ulgurmay juvon televizor qarshisidagi stulni koʻrsatib «oʻtiring» dedi. Oʻzi yon tomondan joy olib, yelkasidagi jun roʻmolni suyanchiqqa tashladi. Soʻng portfelini ochib, qogʻozlarini olayotgan Zohidning harakatlarini ziyraklik bilan kuzatdi.
— Oʻldirgan odamni topdinglarmi?

Soʻroqqa tayyorlanayotgan Zohid uchun bu savol kutilmagan boʻlmadi. Bunday savollarni koʻp eshitgani uchun ham shoshilmay, qogʻozlarni koʻzdan kechirib oldi-da, javobni qisqa qildi:
— Topamiz.
— Sizdan ham oldin bir kishi ikki-uch marta keldi. Qotilni sizlarga biz topib berishimiz kerakmi?
— Siz ovora boʻlmang, opa, oʻzimiz bir amallab topamiz.
— Shunaqami? — juvonning kamalak qoshlari chimirildi. — Unda nima uchun keldingiz? Adalarini... bu uyda oʻldirishmagan. Endi boshqa kelmanglar. Birinchi kuni olib ketgan narsalaringni ham qaytaringlar.

«Adalarini... Demak, bu xonim Mirkarimovning bevalari ekan-da?» Zohid shu xayol bilan juvonga tegishli sahifalarni varaqladi. «Oysanam Erkaeva. 1958 yilda tugʻilgan...

Yoshiga kecha e’tibor bermabman. Eridan oʻn sakkiz yosh kichik ekan...» Zohid bevaning talab ohangidagi gaplariga ham sovuqqonlik bilan javob qaytardi:
— Mirkarimovning bu uyda oʻldirilmaganini bilaman. Lekin oʻlimidan oldin shu uydan oʻz oyogʻi bilan chiqqan. Olingan narsalar vaqti kelganda qaytariladi, xavotirlanmang. Roʻyxat bilan olingan, roʻyxat bilan qaytariladi, ignadek narsa ham yoʻqolmaydi, Oysanam opa, — Zohid shunday deb juvonga tik qaradi. Chiroyli koʻzlarga dosh berish qiyin boʻlsa-da, nigohini olib qochmadi. — Men soʻraydigan ayrim narsalar sizga bema’ni yoki erish tuyulishi mumkin, lekin shularni soʻrab, aniqlashga majburman. Eshitishimcha, Mirkarimov serhimmat, qoʻli ochiq, mehmondoʻst, hotamtoy odam ekanlar, — shunday deb Zohid atayin yolgʻon aytdi. Puldor odamlar, ularning oilalari baxil boʻlsalar-da, oʻzlari haqida shunday tavsifni eshitmoqni xush koʻradilar. Zohidning moʻljali aniq chiqib juvon uzoridagi qat’iylik soyasi chekinib, mamnunlik oftobi koʻrindi. Zohid esa bu oʻzgarishni sezmaganday davom etdi: — Kunda boʻlmasa ham kunora mehmon kutgandirsiz. Mehmondoʻst odamning xotini boʻlish osonmas.
— Nimasini aytasiz... — juvon shunday deb yengil xoʻrsindi.

Yaqin oʻtmishning totli xotirasi yuragini entiktirdi. Mehmon kutishda u ertalabdan xamir qorib nonu somsa yopmas, bir qozonda suyuq, ikkinchisida quyuq ovqat ham pishirmasdi. Mehmon kutishni pazanda yigitlar, xizmatchi ayollar oʻrniga qoʻyishardi. Bu oppoq, boʻliq barmoqlar qozon-sochiq nimaligini allaqachon unutib yuborgan. Mehmon kutiladigan kun bu barmoqlar piyoz archib, toʻgʻramas, balki tilla uzuklar bilan orolanardi. Tamanno bilan yurib, koʻp koʻzlarni kuydirardi. Eri «erkaklarning oldiga hadeb chiqaverma» desa-da, «choyinglarni yangilab berayinmi?» degan mehribonlik bilan kirib-chiqib turardi. Uning xayolida buzuqlik yoʻq edi, eriga xiyonat qilmoqni ham oʻylamasdi. Faqat erkak zotining yeb qoʻygudek boʻlib suqlanib qarashidan rohatlanardi. Mehmonga taqinchoqlarini taqib borganida esa erkaklarning xirsday qarashlariga qoʻshimcha ravishda ayollarning hasad bilan boqishlaridan mast boʻlardi. Hozir oʻsha omon-omon damlarni eslab entikdi. Juvonning bu olami Zohidga qorongʻu edi. Shuning uchun yengil xoʻrsinish sababini boshqacha tushundi.
— Tez-tez keladigan odamlar orasida Asadbek aka boʻlarmidilar?
— Kim u kishi?
— «Asadbek» desa butun shahar taniydi-ku? Siz... eshitmaganmisiz?
— Eshitmaganman... ogʻaynilari orasida bunaqasi yoʻq edi shekilli?
— Haydar aka, Mahmud deganlarini-chi?
— Esimda turadi, deysizmi? Bilasiz-ku, bizda erkaklar alohida oʻtirishadi. Oʻrislarga oʻxshab billalashib choʻqishtirib ichishmaymiz.
— Bu gapingiz ham toʻgʻri. Men Asadbek akani taniysiz deb oʻylabman. Sizni qaerdadir koʻrganday boʻlib oʻtiruvdim. Endi esladim: Asadbek akaning toʻylarida koʻrgan ekanman.

Zohid bu yolgʻonni tavakkal qilib aytdi. Uning farazicha, toʻyga shaharning barcha puldorlari kelishgan. Asadbeklarga xizmat qilib yuruvchi taksopark direktorining kelishi esa isbot talab etilmaydigan haqiqatlar sirasiga kirardi. Shunday dabdabali toʻyga bunday goʻzal xotinni olib bormaslik esa nodonlik boʻladi.

Zohidning bu yolgʻoni ham yaxshi samara berdi. Juvon kaftini oʻng betiga bosib, oʻylanganday boʻl-di.
— Qaysi toʻyni aytyapsiz?
— Mashhur hofiz Elchinni kuyov qildi-ku?
— Ha... siz ham boruvdingizmi?
— Faqir kishi panada, deyishadi-ku, bir chetda oʻtirib maza qilganmiz. Demak, esladingiz. Asadbek aka kelib turarmidilar?
— Yoʻq, u kishi kelmasdilar. Balki oʻgʻilchamizning toʻyida kelgandirlar. Nima, oʻsha kishidan gumoningiz bormi?
— Be, shunday ulugʻ odamdan gumonsiraymizmi? — Zohid shunday deb kulimsiradi. — Shunchaki soʻradim, qoʻydim, Mendan oldin siznikiga militsiyadan Ilyosov degan odam kelgan. Oʻsha odamga «hech kimdan gumonim yoʻq», debsiz. Rostdanam gumoningiz yoʻqmi?
— Kimdanam gumon qilardim?
— Haydovchidan... — Zohid «oʻynash» demoqchi boʻl-di-yu, juvonga bu soʻz yomon ta’sir qilishi mumkin-ligini anglab, yumshoqroq tarzda: — yana bir tanish ayol, — dedi.
— Ayolni bilmayman, — dedi Oysanam, — lekin haydovchi deganingiz... akamdan qanaqasiga gumon qilishim mumkin?

Bu gapni eshitib Zohid sergak tortdi:
— Nima, akam dedingizmi? Oʻz akangizmi?
— Ha,— juvon shunday deb ajablanib yelka qisdi,— tugʻishgan akam. Siz nimaga hayron boʻlyapsiz?
— Ilyosovga ham aytganmidingiz buni?
— Esimda yoʻq... aytgandirman.
— Akangizning familiyasi?..
— Men birinchi erimning familiyasida qolganman.

Bu yangilik Zohid uchun kutilmagan jumboq boʻldi.

VI bob

I

«Anglashilmovchilik boʻlibdi»?!

Asadbek quloqlariga ishonmadi. «Uyqusirayaptimi bu malla kapitan yo kechasi bilan otib chiqqan boʻlsa kalla karaxtmi?»

Chetdan qaragan kishiga milisaxona navbatchisining darchasiga tirsagini tirab turgan Asadbek gap uqmas boʻlib koʻrinardi. Bu xonada kapitandan boshqa chetdan qarovchi odam yoʻq edi. Unga esa Asadbek aynan shunday koʻrindi.
— Tushunmadingizmi? — dedi u ensasi qotgan tarz-da.
— Tushunmadim, — dedi Asadbek.
— Nimasiga tushunmaysiz? Anglashilmovchilik boʻlibdi, — dedi kapitan. — Militsiya nomidan uzr soʻraymiz. Oʻgʻillaringiz hozir chiqishadi, olib ketaverasiz. Yuklaringizni qarab, tekshirib qabul qiling.

Necha xil oʻy-xayol, necha xil reja bilan bu yerga kelgan Asadbek uchun bunisi sira kutilmagan «sovgʻa» boʻldi. U avvaliga toʻgʻri Xongireyga uchrab «talabingni aytu bolalarimga tegma», demoqchi boʻldi. Lekin bu ahdi qat’iylashmadi. «Xoʻp, bordim, aytdim, — deb oʻyladi u, — «oʻgʻillaringni men qamatmadim», demaydimi? Deydi. U xunasa chaqaloqligida tulkining sutini emib katta boʻlgan. Oʻzini bilmaganga oladi. «Iya, shunday boʻptimi?» deb achinadi. Keyin menga marhamat qiladi. E, yoʻq, menga u xarifning marhamati kerakmas. U mening bosh egib kirib borishimni juda-juda istayapti...»

Asadbek yoʻqotilgan boylikning oʻrnini toʻldirish mumkinligini, yoʻqotilgan nomusni esa aslo tiklab boʻlmasligini yaxshi bilgani uchun ham Xongireyning huzuriga bormadi.

Oʻgʻillari uchun jonini berishga tayyor Asadbek nomusini bulgʻab boʻyin egishga kelganda chiday olmadi. Nomus jonga nisbatan ulugʻlik qildi. Oʻzini toʻxtatdi. Nomusning toptalishini eng soʻnggi chora deb bildi. «Gadoning dushmani gado boʻladi», deganlaridek, Moskvada Xongirey yakka hokim emas, uning payiga tushadiganlar ham topiladi. Asadbek hozir chora izlab ulardan birining huzuriga bormogʻi mumkin edi. Lekin bu yoʻlning ayni damda xatarli ekanini, yara patos bogʻlab ketmogʻi mumkinligini u fahmladi. Shubhasizki, Asadbek Moskva yeriga qadam bosishi bilan Xongireyning odamlari uni kuzatadilar. Asadbek Xongirey uchun nobop toʻdaga arzini aytgani hamon oʻljani boʻgʻib turgan ilon zaharlashni paysalga solmaydi.

Toʻgʻridan toʻgʻri milisaxonaga boraverish fikri uni kutib olgan Jamshidga ham ma’qul keldi. Balki «besh-oʻn soʻm» sovgʻa evaziga ish pishar degan umidda navbatchi darchasiga tirsagini tiraganicha oʻzini tanitib, muddaosini aytishi hamon kapitan anglashilmovchilik boʻlganini ma’lum qilib turibdi.

Umidiga osonlik bilan yetgani uchun quvonishi lozim boʻlgan Asadbek «anglashilmovchilik» degan soʻz ikkinchi marta takrorlangach, beixtiyor gʻazablandi. «Ikkita begunohni qamogʻingga tiqib qoʻyib yana «anglashilmovchilik» deb bezrayasanmi, enagʻar!» deb baqirishga chogʻlanganida xojasining fe’li ayniganini sezgan Jamshid uni chetga tortdi.

Asadbek «nega aralashasan!» degan ma’noda oʻtli nigohini unga qadadi.
— Bu yerdan chiqvolaylik, keyin gaplashamiz, — dedi Jamshid.

Kim bilan, qachon, qaerda, qanday tarzda gaplashajagini oʻzi ham bilmasa-da, xojasini tinchitish uchun ishonch bilan aytdi bu gapni. Asadbek «ertaga senga shokolad olib beraman», degan aldovga uchgan goʻl bola singari yuvosh tortdi. Endi uning javdiragan koʻzlari har yon boqib, oʻgʻillarining chiqib kelishlarini kutardi.

Oradagi yarim soat xuddi yarim yil singari ruhni ezgʻilab oʻtdi. Vaqtning oʻn besh daqiqasi «hozir chiqishadi», degan ishonch bilan, qolgani esa «yana anglashilmovchilik boʻlibdi, beayb boshqa odamlar ekan, sizning oʻgʻillaringizni chiqarmaymiz» deb qolsa-chi?» degan gumon talvasasi bilan oʻtdi.

Yarim soat Asadbekni besh yilga qaritdi. Zaynab mojarosida choʻkkan gavdasi yanada choʻkdi. Hojasini kuzatib turgan Jamshid yengil titradi: hojasining soch-lari birdaniga oqarib ketdi. Asadbekning sochlariga oq oralagan edi. Lekin hozir, bir onning oʻzida qirov qoʻnganday boʻldi. Jamshid «avval ham shundaydir, e’tibor bermagandirman», deb oʻylab yanglishdi. Sochning ayni shu damda oqarganini navbatchi kapitan ham sezgani uchun tez-tez qarab-qarab qoʻyayotgan edi.

Sukunat...

Sukunatning tili bormi? Boʻlsa, sassiz ravishda nimalar deyapti ekan? Balki oʻzining tilida chinqirib Asadbekni qargʻayotgandir? Balki sochlarining oqarib ketgani qargʻishning ijobat boʻlayotganiga bir ishoradir?

Oldinda qoʻllari kishanlangan Abdusamad, orqaroqda Abduhamid koʻrinishi bilan Asadbek oʻzini tuta olmadi. Uning keyingi oylar ichi zaiflashib qolgan irodasi, saboti koʻzdan quyilib, kipriklariga qadalgan yosh tomchilarini toʻxtata olmadi.

Hali «anglashilmovchilik boʻlganini» bilmagan, «Turlaring!», «Devor tarafga oʻgiril!», «Qoʻlingni choʻz!», «Bitta-bitta yur!», «Gaplashma!» degan buyruqlarga moʻmin bola singari itoat qilib chiqib kelayotgan, xayollari «Endi bu yogʻi nima boʻlarkin?» degan savol bilan band aka-uka oynavand devor ortida otalarini koʻrdilaru koʻngillari toʻlib, boʻgʻizlariga yigʻi keldi. Ulardagi yoshlarga xos matonat yigʻini toʻxtatishga qurbi yetdi. Agar Asadbek oʻgʻillari koʻzlarida yosh koʻrsami, boʻgʻziga qadalib turgan faryodni toʻxtata olmasdi. Yaxshi hamki oynavand devorning xiraligi otalari yonogʻiga dumalagan koʻz yoshni parda qilib toʻsdi. Toʻsmasami edi, balki yoshlik matonati ham ojizlik qilib qolarmidi...

Goʻzal yorlari hamrohligida uyga kirib bormoqni, kelinsalomdan quvongan otalari bilan koʻrishmoqni orzu etgan oʻgʻillar xira oynavand toʻsiq ortidan «Adajon, bizning hech gunohimiz yoʻq» degan ma’noda javdirab qarashardi. Qoʻllaridagi kishanlar yechilib, choʻntaklaridan olingan narsalar roʻyxat boʻyicha bir-bir qaytarila boshlangach, ular chindan ham «gunohlari yoʻqligini» anglab yengil tortishdi. Ikkovlari ham baravariga «adam chiqarib oldilar» deb oʻylashdi.

Sogʻinch va tashvishdan oʻrtangan yuraklar xadik soyasi ostida uchrashganlari uchun tilga soʻz kelmay qoldi. Titroq tillar «Bolam!», «Adajon!» deyishgagina quvvat topa oldilar xolos. Asadbek oʻgʻillarini bagʻriga bosib, koʻngli bir oz orom topgach, qulochini keng yoyib ikkovini qanotlari ostiga oldi-da, «Ketdik!» dedi. Soʻng jiyanlari qatori suyumli boʻlib qolgan yigitlar bilan koʻrishish baxtidan bebahra qolayotgan Jamshidga qarab:
— Yuklarni oʻzing olib chiq, — dedi.
— Bek aka, qarab olaylik, — dedi Jamshid aybdor odamning ovozi bilan.
— Past ketma bularning oldida. Bir-ikkita matohni olgan boʻlsa olgandir.
— Olsa mayli-yu, qoʻshib qoʻygan boʻlsa-chi? Koʻchaga chiqqanimizda yana hunar koʻrsatishmasin, deyman...

Jamshid «xoʻjayinga aql oʻrgatib baloga qolmasaydim» degan xavotirda gapini kalta qildi.

Asadbek keyingi yillarda faqat Chuvrindi ukasigina aql oʻrgatsa chidardi. Hatto Kesakpolvon toʻgʻri maslahat bersa-da, avval bir bobillab, soʻng amal qilardi. Jamshid xojasining bu odatini yaxshi bilgani uchun ham fikrini bayon qilishda bir oz choʻchidi. Shu paytga qadar «Bek akam «nimaga?» degan savolni yomon koʻradilar. Akamga «xoʻp boʻladi» koʻproq yoqadi», aqidasiga amal qilib kelgan odam uchun yurakdagi zardoblari toshib, alam vulqoni portlay deb turgan xojasiga bunday deyish oʻziga xos jasorat edi.

Farzandlarini qanotlari ostiga olib eshik tomon bir qadam qoʻygan Asadbek toʻxtab, a’yoniga oʻgirildi. Portlash oʻrniga Jamshid uchun kutilmaganda horgʻinlik bilan:
— Gaping toʻgʻri, — deb oʻgʻillarini qanotidan chiqardi.

Jamshid yigitlar bilan yengil-elpi koʻrishib olgach, kapitan chaqirtirgan milisa ishtirokida jomadonlarni ochdi. Shu onda telefon jiringladi. Navbatchi goʻshakni qulogʻiga tutib, oʻzini tanitgach, Asadbekka qaradi-da:
— Ha, shu yerda, — dedi. Soʻng eshitgan buyrugʻiga itoatkorona tarzda: — Xoʻp boʻladi, — deb Asadbekni chaqirdi: — Asad Abdullaev, siz men bilan yuring.

Jamshid ham, oʻgʻillar ham kutilmagan bu yoʻqlovdan ajablanib, kapitanga savol nazari bilan qaradilar:
— Sizlar ishingizni davom ettiringlar, bu oʻrtoq hozir qaytadi, — kapitan shunday deb Asadbekni dahliz boʻylab boshladi. Dahliz adogʻiga yetganida oʻgirilib, Asadbekka: «Shu yerda toʻxtang», deb amr etgach, oʻng qoʻldagi eshikni taqillatdi.

«Toʻxta, devorga oʻgiril, qoʻlingni orqaga qil!» demadi, shunisiga shukr, — deb oʻyladi Asadbek. — Meni kim chaqirdi, maqsadi nima? Oʻz oyogʻim bilan ozod yurib kelib, mahbus boʻlib chiqmasaydim...»

Bu xayol vasvasa hosili emasdi. Xongireyday odam bir qiliq bilan oʻgʻillari oʻrniga oʻzini tiqib qoʻyishi hech gap emasdi. Agar hozir ichkarida tirjayib oʻtirgan Xongireyni koʻrsa Asadbek mutlaqo ajablanmagan boʻlardi.

Kirishga ruxsat boʻlgach, kapitan Asadbekning ortidan eshikni ohista yopdi. Asadbek ichkari kirib salom berdi. Charm paltosini yechmay stulda emas, stolda oʻtirgan yigit salomga alik olish oʻrniga oʻzini «KGB hodimi», deb tanishtirdi. Guvohnomasini koʻrsatmadi. Asadbek esa talab qilmadi.
— Abdullaev, bizdagi ma’lumotga qaraganda Afgʻonistonda tayyorlangan kokoin sen orqali Rossiyaga uzatilar ekan.

Yigitning dabdurustdan sensirashi Asadbekka malol kelsa-da, gʻazabini yutdi. Chunki qoʻyayotgan aybi oldida bu sensirash hech gap emasdi. Xongireyning asl maqsadi shu aybnomadan soʻng oydinlashganday boʻldi. «Darding meni yoʻq qilish ekan, nima qilarding bolalarimni ezib», deb gʻijindi.

Savolga darrov javob bermagani uchun charm paltoli yigit oʻrnidan turib unga yaqinlashdi:
— Biz hatto narkokurerlaringni ham bilamiz.

Asadbekning talvasaga tushishini kutgan yigit uning koʻzlariga tikilib xavotirni koʻrmadi.
— Kim boʻlsa ham sizga notoʻgʻri ma’lumot beribdi. Men hech qachon qora doriga aralashmaganman.
— Ha, — yigit tisarilib yana stolga omonat oʻtirdi: — Gaping toʻgʻri. Bizda bunaqa ma’lumot ham bor. Xoʻsh, qaysi biri haqiqat?
— Ikkinchisi.
— Qara, fikrimiz bir yerdan chiqdi: men ham hamkasblarimga shunday dedim. Ammo ular ishonishmayapti. Ularni ishontirish uchun nima qilish kerak?

Asadbek yelka qisdi-yu, «bilsang oʻzing ayt» deganday unga qarab turaverdi.
— Sen biz bilan hamkorlik qilishing kerak. Tushunyapsanmi? Hech boʻlmasa bir-ikkita narkokurerni bizga tutib berasan. Mulohazaga oʻrin yoʻq. Koʻnishga majbursan. Har holda oʻgʻillaringni bekorga chiqarmayapmiz. Ular garovda, bilib qoʻy!

Chindan ham tortishish, mulohaza yuritishga fursat yoʻq edi.
— Kim bilan bogʻlanaman?
— Sen bilan oʻzimiz bogʻlanamiz. Endi boraver. Uyingga qaytib, toʻyingni boshlayver. Qoʻrqma, endi sen bizning himoyamizdasan.

Asadbek past ovozda «xayr» deb xonadan chiqdi. Salomiga alik olinmagani kabi xayrlashishiga ham lutf qilinmadi.

Jamshid bilan oʻgʻillarining savol bilan qarashlariga javoban:
— Tezroq boʻllaring, men toza havoda turaman, — deb tashqariga yurdi.

Koʻchaga chiqdi-yu, quruq qor boʻroni yuziga urilib nafasi qaytdi. Paltosining yoqasini koʻtarib, boshini toshbaqa kabi ichiga tortdi. Moskvaning sovugʻiga moslanmagan yupqa paltosi boʻron hamlasini qaytara olmadi. Bir pasda badaniga muz yugurib qaqshay boshladi. Iziga qaytmoqchi boʻlganida besh qadam narida, koʻcha chetida qorga burkanib turgan «Volga» eshigi ochilib Jamshidning sherigi tushib keldi:
— Bek aka, boʻldimi, chiqishdimi? — deb soʻradi.

Asadbek «ishing nima!» deb jerkimoqchi boʻldi-yu, qoʻl qovushtirib some’ turgan yigitni oʻksitgisi kelmay qisqagina qilib:
— Ha, — dedi.
— Hayriyat-e, Bek aka, moshina issiq, oʻtirib turing. Men ichkariga kiraymi?

Yigit endi haddidan oshgan edi. Shu bois bu safar xojasining gʻazabidan benasib qolmadi:
— Joyingga bor, ishingni qil!

Yigitning mahmadanaligi gʻashini keltirgani uchun u taklif etgan issiq mashinaga bormay joyida turaverdi.

Uning xayollari koʻchada sarsari kezayotgan qor boʻroni kabi toʻzigan edi. «U meni kutib oʻtirgan edimi? «KGB xodimiman» deganida ishonib qoʻya qolganim yaxshi boʻldi. Guvohnoma soʻrasam gap maydalashardi. Mayli, meni kaltafahm deb hisoblab oʻtiraversin. Agar uning KGB emas, Xongireyga tobe laycha ekanini bilmasam, unda chindan ham paytavafahm boʻlaman. Xongirey qoradorifurushlikka toqatim yoʻqligini biladi. U oʻzicha ustalik bilan qoʻl-oyogʻimni bogʻladi. Agar haromi Haydar bilan til biriktirgan boʻlsa, ishini qilaveradi. Men nodon esa narkokurerlarni aniqlab, xabarlayman. Bu ma’lumot toʻgʻri Xongireyning qoʻliga borib tushadi. U enagʻar ilgaritdan qanjiq[4] edi. Meni ham oʻziga oʻxshatyapti shekilli? Yaxshi, oʻxshatsa oʻxshatib tursin. Men unga oʻxshagan past oʻgʻri emasman. Meniki bitta gardkam boʻladi. Ostidan ham ustidan ham qoʻporib tashlamasam yurgan ekanman. U basharasiga niqob taqib arslonman deb kerilyaptimi? Bashara arslonniki, dum esa tulkiniki. E, nodon, oʻsha tulki dumingning ostiga sening...» Asadbek shunday deb soʻkinib yon tomonga oʻgirilganicha tupurdi.

Birinchi jomadonni koʻtarib chiqqan Jamshid:
— Bek aka, sovuqda turmang, yuring, — dedi mehribonlik bilan.

Asadbek Chuvrindiga qanday itoat etgan boʻlsa, Jamshidga ham shunday boʻysunib, ergashdi.

Koʻchada turganida etini zirillatgan sovuq mehmonxonaga borganida kuchini koʻrsatdi. Badanida bezgak titrogʻi turib, holdan toydi. Jamshid ustma-ust junchoyshabga oʻrab qoʻysa ham isimadi. Xojasining titrogʻi pasayish oʻrniga zoʻrayayotganini koʻrgan Jamshid restoranga qoʻngʻiroq qilib qaynoq karam shoʻrva bilan aroq buyurdi. Aytganlari muhayyo boʻlgach, shishadagi aroqning yarmini xojasiga zoʻrlab ichirdi. Asadbek karam shoʻrvadan uch-toʻrt qoshiq ichgach, peshonasida ter marjonlari koʻrindi. Jamshid zoʻrlasa ham shoʻrvaning yarmidan kamrogʻi qoldi. Shundan soʻng Jamshid xojasini yechintirib, badanini aroq bilan obdon artib, xuddi chaqaloqni yoʻrgaklaganday yotqizib qoʻydi. Ana shu amaldan soʻng Asadbekning badaniga iliqlik yugurib sovuq titroq azobidan qutuldi. Hatto tashvishli gaplardan ham yiroqlaganday boʻlib oʻzi sezmagan ravishda oromli uyquga ketdi. Ammo bu orom olami uni bagʻrida uzoq ushlab turolmadi. Bir soatga yetar-etmay u yana tashvishli dunyosiga qaytdi.

Yuvinish xonasi tomondagi gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir tovushlar qulogʻiga kirmaganida uzoqroq uxlashi mumkin edi. Avvaliga buni koʻrayotgani majhul tushga oid tovushlar deb oʻyladi. Tovushlar avval uning sezgilarini uygʻotdi. Soʻng koʻzlari ochildi. Bir zum quloq tutib yotdi-da:
— Mahmud, kim keldi? — deb soʻrab qaddini koʻtardi.

«Jamshid» demay «Mahmud» deb yuborganini oʻzi ham sezdi. Jamshid esa ustozi oʻrnini egallayotganini fahmladi. Yotoq eshigini qiya ochib:
— Mamatbey keldi. Xongireyning salomi bor emish,— dedi.
— Ha... kelibdi-da, juda yaxshi. Hozir kiyinib chiqaman. Sen choy-poy buyur.
— Oʻtirmas emish. Sizni olib ketgani kelganmish. Menam tayyorlanaymi?
— Sen ukalaring bilan qolasan. Xongireying bilan oʻzim bi-ir otamlashay.
— Sherigim boraqolsinmi?
— Keragi yoʻq. Bu sen oʻylagandaqa uchrashuvmas. Yarash-yarash boʻladi. Akangning ziyofatini yeymiz bugun. — Asadbek kiyina turib shunday dedi-da, zaharli tarzda kulimsirab qoʻydi.

U Xongireydan chopar kelishini kutgan edi. Shu sababli milisaxonadan chiqishgach, mehmonxonaga borajagini bildirdi. Xojasining maqsadini anglamagan Jamshid ajablanib qarab qoʻyish bilan qanoatlandiyu «Ichkariga chaqirishganda bir gap aytilgandir-da», degan oʻy bilan cheklandi. «Nega chaqirishibdi, tinchlikmi?» deb soʻrashni xayoliga ham keltirmadi. Aytish lozim boʻlsa, xojasining oʻzi aytardi. Sir saqladimi, demak, bu sir qal’asining eshiklari Jamshid uchun taqa-taq berk. Ochishga urinishlik esa eng kamida soʻkish bilan mukofotlanadi.

Asadbek milisaxonadan toʻgʻri «Domodedovo» deb atalmish joyga qarab bormogʻi, ikki soatdan soʻng esa uchoqqa oʻtirib uyiga joʻnab qolishi ham mumkin edi. Shunday qilsa uning har qadamiga tikilib, kuzatib turganlar juda boʻlmaganda qoʻrqoqlik tamgʻasini bosar edilar. Yoki yuklar qayta tekshirilib biron mashmasha chiqarilmogʻi muqarrar edi.

Asadbek kiyinib dahlizga chiqishi hamon Mamatbey quchoq ochib kutib oldi.
— Ha, eski ogʻaynilar topishib oldinglarmi? — dedi Asadbek yengil piching ohangida.
— Oʻ, jan gardashim, bu oʻgʻlung choʻx buyuk insan. Bek gardash, ta’ziyalarimi qabul et. Mahmutbey choʻx buyuk insan edi. Afsuslar chekmakdamiz, afsuslar.
— Ogʻang Xongirey qalay, durustmi?
— Tashakkur sana, gardash. Sana Xangireyning salamlari var.
— Ertalab ziyoratiga boraman deb turuvdim.
— Ziyaret bizdan lazim oʻlur, Bek gardash. Sanda biza koʻnakdirsan. Sanida aziz etib bashlarimiza koʻtarajakmiz. Xongirey orqadash bu onda sani kutmakdadir.
— Kutayotgan boʻlsa ketdik.
— Jamshidbeyda bizim ila borajakmi?
— Yoʻq. U ukalari bilan shahar aylanmoqchi boʻlib turuvdi, shashtini qaytarmaylik.

2

Milisaxonadan chiqib, mashinaga oʻtirishgach, or-qadagi oʻgʻillari tomon qiya oʻgirilib:
— Qiynashmadimi? — deb soʻraganida Abdusamad:
— Yoʻq, — deb javob qilgan, Abdulhamid esa:
— Faqat bilakdan qon olishdi, — deb qoʻshimcha qilgan edi.
— Nega qon oladi? — deb ajablangandi Asadbek.
— Qoradorini oʻzimiz iste’mol qilamizmi, yoʻq-mi — bilishmoqchi ekan, — deb izoh bergandi Abdul-hamid.

Asadbek «qiynashmadimi?» deb soʻraganda tan azoblarini nazarda tutgan, Abdusamad ham ayni shu ma’noda «yoʻq» deb javob qilgan edi.

Odatda milisaxonaga tushib chiqqan har bir odamdan shunday deb soʻrashadi. Hech kim, hech qachon ruh azobi bilan qiziqib koʻrmaydi. Koʻp qatori Asadbek uchun ham bolalarining kaltaklanmagani muhim edi. Ruhlarining faryodini esa u eshita olmas edi. Zotan, ayni damda oʻzining bezovta ruhi ham chinqirigʻini bas qilmagan edi.

Tangri taolo bandalarini xoʻp ajib tarzda yaratmish ekan. Huda-behuda yigʻlashni, uvvos tortishni ayollarga kasb qilib berib, ba’zi-ba’zida yigʻlashi mumkin boʻlgan erkakning xoʻngrashini xunuklik libosiga oʻrab qoʻymish ekan. Bu yigʻining zohiriy koʻrinishi. Botindagi ruhlarning faryodiga ham tovush ato etilsami, dunyoning quloqlari qomatga kelarmi edi...

Abdusamad yuklarni tekshirishda boshlangan mashmasha qoʻlga kishan urilishi bilan yakunlanadi, deb sira oʻylamagan edi. Sermulohaza, bosiq tabiatli boʻlgan bu yigit oʻrtada bir qingʻir oʻyin boshlanganini fahmlab, koʻpam talashib-tortishmadi. Qoni koʻpirgan, olishmoq ishtiyoqidagi ukasini ham ogʻir boʻlmoqqa undab turdi.

Alohida xonaga qoʻyilganlarida Abdusamad sezdiki, bu tomoshani tayyorlaganlar ehtiyot chorasini unutmaganlar. Tergovga chaqirilmayotganlaridan fahmladiki, bu tomosha zamirida uning aqli bovar qila olmaydigan bir sir-sinoat mavjud. Bu sir-sinoatning ildizi otasining qilmishlariga borib taqalishini u tasavvur qilib koʻrmadi. Alhol, bu igʻvoga xorijdagi hayotimiz sababdir, deb gumon qildi.

Ular oʻqishga ketishayotganda Berlin devori hali mahv etilmagan boʻlsa-da, Gʻarb deb atalmish dunyo bilan oraliqdagi toʻsiqlar olina boshlangan edi. Siyosatchilar Sovet Ittifoqining tashqi olam bilan munosabatida yaxshilik sari burilish sodir boʻlayotganini maqtayotgan onlarida oʻqish uchun Olmoniyaga otlangan aka-uka maxsus suhbatga chorlanib, vatandoshlar bilan yaqin aloqaga kirish barobarinda ularning orasidagi gap-soʻzlardan xabardor qilib turish vazifasi topshirildi. Taqdir yozugʻi shunday ediki, maxsus topshiriqsiz ham ular vatandoshlar bilan yaqin aloqa oʻrnatdilarkim, oqibat bu aloqa nikoh bilan yakunlandi. Nikoh haqida gap chiqishdan avval ham, toʻy arafalari, keyin ham aka-uka maxsus topshiriqni eslab turishardi. Soʻralguday boʻlsa soʻrovchilarni qanday chalgʻitish maslahatini pishitib olishardi. Biroq, Olmoniyada «topshiriqni bajaryapsizlarmi?» deb birov yoʻqlamadi.

«Endi shu igʻvo bahonasida soʻrashadimi? Soʻrash uchun bu yerga olib kelish shartmidi?»

Dunyoning koʻp qingʻirliklaridan bexabar aka-ukalar «maxsus topshiriq faqat bizga berildi», deb oʻylashgandi. Xorijga chiqayotgan har bir odam zimmasiga shunday topshiriq yuklanishidan, chetdagi vatandoshlarning xatti-harakatlari, maqsadlari, gap-soʻzlari bularning xizmatisiz ham maxsus idoralarga ma’lum ekanidan bexabar edilar.

Vaqtinchalik qamoqxonaning temir panjarali eshigi sharaqlab yopilgach aka-uka uzoq vaqt gap-soʻzsiz oʻtirdilar. Abdusamad gumonu taxmin, farazlarini tarozi pallasiga bir-bir qoʻyib koʻrgach, uf tortib:
— Biz rostdanam goʻl sichqonlar ekanmiz, — deb qoʻydi.
— Nima deding?

Oraliqdagi farq bir yosh boʻlgani sababli Abdulhamid akasini koʻp hollarda sensirardi. Faqat ota-onasi huzurida tanbeh eshitmaslik uchungina sizlab qoʻyardi. Ukasining bu qiligʻiga koʻnikib ketgan Abdusamad hozirgi sensirashga ham ahamiyat bermadi.
— Ustozning gaplari esingdami? — dedi ukasiga qarab.

Esida...

Vatanga qaytish kuni, vaqti aniq boʻlgach, doktor Xudoyor ularni mehmonga taklif etdi.
— Meni avfu aylangiz jigarbandlarim, sizlar uchun vaqtimdan bir soatni belgiladim. Qahva ichib soʻzlashajakmiz. Soʻng mening yumushlarimda vordur.

Ustozlarining nemislarga xos mehmondoʻstligi ularga yangilik emasdi. Ziyofatlarda maishat qilib uzoq oʻtirish yoki uyda ziyofat tashkil etish uning tabiatida yoʻq edi. Shogirdlari bilan muloqotda boʻlganida «englar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar» oyati kalimasini tez-tez tilga olar, «isrof qilmaslik faqat taomgagina nisbat emasdur, vaqtga ham taalluqlidir, vallohi a’lam. Qiyomat kuni behuda isrof etgan umrimiz uchun ham hisob berajakmiz. Hamonki, beshikdan qabrga qadarli ilm olmoqlik bizlarga farz etilmish ekan, vaqtni zoe ketkazmakdan biza qanday naf kelur?» deb nasihat qilardi.

Vatandoshlar doktor Xudoyorning bu tabiatini hazm qila olishmas, «ilmdagi omad uni kibrga olib bordi», deb afsuslanishardi. Gap kelganda otasini ayamaydigan doktor Xudoyor Sa’dulloxonga oʻxshaganlar bilan tez-tez bahslashib «Sizlar Vatan hijronida emas, boylik hasratida yurgan bandasizlar», deb ularning naf-ratini qoʻzirdi. Uning achchiq haqiqati faqat Muzaffarxongagina ma’qul boʻlardi. Shu bois uyidagi biron-bir yigʻin Xudoyorsiz kechmas edi. Ana shu yaqinlik oqibatda toʻrt yoshni bir-birlariga qovushtirdi.

Doktor Xudoyorning chorlashi oʻziga xos xayrlashish marosimi edi. Ustoz Vatanga qaytayotgan shogirdlariga havasi kelayotganini qayta-qayta ta’kidlab:
— Dunyoda ommatan abadiy oʻlan hech nimarsa yoʻqtur. Xossatan Vatanning istilodagi umrining adogʻi koʻrinmakdadir. Ohkim, mana bu qadar choʻx marhamatlar etgan Tangrim yana birgina karomat etsa-da, man Vatan ozodligin koʻrsam, Vatan erki xususindagi darakni eshitsamgina bas, orada toʻrt ummon oʻlsa-da, suzib oʻtajakman, Vatan tufrogʻin oʻpajakman! Banda uchun shu baxtning oʻzi basdir. Banda bandaga ta’zim etmas, ammo man — banda Vatan istiqlolin olam aro ovoza etmish bandaga ta’zim qilajakman. Siza soʻzim shuldir, azizlarim.
— Biz bilan boraversangiz boʻlardi. Toʻyimiz bahonasida orzuga yetardingiz. Siz — olimsiz, sovetlarga yomonligʻingiz yoʻq. Moskvaga bordingiz, indashmadi-ku?
— Oh, jigarlarim, qalbimdasiz! Man qoʻrquv iskanjasidagi ojiz bir banda emasdurman. Maning-da bu koʻzlarim istilodagi yurtni emas, hur Vatanni koʻrmak istayur. Qalbim toptalmish tufrogʻni emas, ozod oʻlmish zaminni oʻpmakni orzu etiyur. Ojiz fikrim ayturki, bu kunlara insha Olloh, tezda yetajakmiz. Unga qadar esa ehtiyot oʻlmogʻingiz joizdur. Jon talvasasidagi bu beasllar iblis eplolmagan ishlarni-da qilmoqqa qodirdirlar. Oʻtmish yoz chogʻindagi mesxetiyalik orqadoshlarimizga qilinmish igʻvolarni unutmaslik shartdir. Sovetning tavbasi mushukning tavbasi ila ohangdosh oʻlmish. Anglayurmisiz? Mushuk ila sichqon xususinda choʻx rivoyatlar bitilmish. Mazkurlar orasinda ibrat shulkim, bir qari mushuk oʻlar oldindan goʻyokim insofga kirmish ekan. Sichqonlara maktub bitib tavbalarini izhor etibdur va yana debdurkim «sizlara bir ziyofat bersam-da soʻngra jon versam. Sichqonlar bu va’daga inonish yoxud inonmaslikni-da bilmay donishmandga yuz tutmish ekanlar. Donishmand debdiki: «Mushukning tavbasiga zinhor inonmangiz. Oʻlib, koʻmib-da qoʻyilmish mushukning bir dona moʻylabi tufroqdin chiqib turganini koʻrmoq boʻlsangiz-da hov naridan aylanib oʻtmagingiz durust oʻlur». Sichqonlarning joʻjuqlari nasihatga zid oʻlaroq mushuk huzurina boribdilar.
— Dunyoda hech bir mushuk shu onga qadarli tavba qilmagan edi, sen nechuk istigʻfor aytmakni ixtiyor qiliyursan? — deb soʻrabdilar.

Doʻmboq sichqonlarni koʻrgan mushukning-da fe’li oʻsha on aynibdi, niyati-da buzulibdi.
— Senlar ayt-chi mana, senlar insofsizmi yoki men? Senlar nechun qopning ogʻzi ochiq oʻlgani holin-da ostidan teshasanlar? Men shu savolga javob istab senlarni yoʻqlagan edim.

Mushuk shunday debdi-yu, nodon sichqonlar uning nonushtasi boʻlibdilar ekan...

Mana shu rivoyatni aytib doktor Xudoyor sovub qolgan qahvaga uzoq tikilib, jim qolgan edi.

Moskva milisaxonasining vaqtinchalik qamoqxonasida aka-uka oʻsha xayrashuv onlarini, ustozi aytib bergan rivoyatni eslashdi.
— Sichqonlar nodon boʻlishsa ham «tavba qil!» de-yishga ulgurishibdi-ku, — dedi Abdulhamid akasining gapiga javoban.
— Sovuq nafas qilma, nima, bizni hozir shartta otib tashlasharmidi?

Abdulhamid «buni Xudo biladi», deganday qoʻl siltadi.

Ularning hibsdagi soatlari adogʻiga yetib, erkinlikka chiqishgach, toʻgʻri uyga qaytish oʻrniga mehmonxonaga borib qolganlaridan ajablanishdi. Jamshid xojasini muolaja qilib chiqqach, «Nega uyga ketmayapmiz?» deb uni soʻroqqa tutishdi. Negaligini koshki Jamshid bilsa. Bir koʻngli «Adanglardan oʻzlaring soʻranglar», demoqchi boʻldi. Biroq, gapni chuvalashtirmaslik uchun «Bek akamning bu yerda qiladigan ishlari bor ekan, ertaga qaytadigan boʻldik», deb ularni tinchitdi. Ertaga qaytar-qaytmasligini oʻzi ham aniq bilmasa-da, shunday dedi. Agar ertaga ham Moskvada qolsalar «Bek akamning ishlari bitmabdi», degan bahonani aytishdan osoni yoʻq.

Asadbekning badanidan issiq oʻtib uxlagan damda aka-uka uyga telefon qilib onalarining bezovta yuragini tinchlantirdilar.

Jamshid esa yotoqning eshigi yoniga stul qoʻyib oʻtirib, oyoqlarini uzatib chalishtirdi-da, boshini beton devorga yopishtirilgan gulli qogʻozga tirab mizgʻidi.

3

Asadbek odatiga koʻra orqa oʻrindiqqa oʻtirmoqchi boʻlib mashina eshigini ochgan edi, Mamatbey toʻxtatdi:
— Bek gardashim, yanima oʻltur, suhbatlashib ketajakmiz, — dedi kulimsirab.

Asadbek uning gapiga e’tibor bermay orqaga oʻtirib, eshikni yopdi-da:
— Orqadagi xatar yomon-da, a? — dedi.
— Xatar deding? — Mashinani oʻt oldirgan Mamatbey kulimsirab bosh chayqadi. — Sendan xatar kutmaklik men uchun choʻx nodonliktur.
— Mamatbey, qardosh, xatar deganlari sen bilan menga oʻz soyamizdan ham yaqin. Kimdan qanday mukofot olishingni bilmaysan.
— Choʻx goʻzal falsafa soʻylading, gardash. Xatar ham, oʻlim ham bizlara hamroh oʻlur.

«Oʻlim-ku, bizlara bilan birga tugʻilgan. Xatarni esa oʻzimiz arzon-garovga sotib olganmiz», deb oʻyladi Asadbek. Mamatbey esa «Gapim unga yoqdi», degan xayolga borib, roʻparasidagi koʻzgu orqali Asadbekka bir qarab oldi.

Boʻron tingan boʻlsa-da, osmon Asadbekning koʻngli kabi tund edi. Baland-baland issiqlik minoralaridan sizib chiqayotgan bugʻ ogʻir bulutlar qatlamini yorib oʻtishga ojizlik qilib, koʻp qavatli imoratlar tomlari uzra yengil suzadi. Yaxmalakka qarshi sepilgan tuz kuchini koʻrsatgan, serqatnov koʻcha yuzini qoplagan qor qop-qora atalaga oʻxshab ketgan edi. Oldindagi mashinalarning orqa gʻildiraklaridan otilgan bu atala-balchiq ba’zan peshoynaga zarb bilan urilib, qora parda hosil qilardi.

«Hayot ham shu atalaga oʻxshab qoldi, — deb oʻyladi Asadbek, — Ba’zan koʻzingga sachrab koʻr qilay deydi».

Hamrohining jimib qolgani Mamatbeyga yoqmadi. U xoʻjayinidan «yoʻl-yoʻlakay gaplashib, kayfiyatini bil. Dardini ichiga yutsa ham, uzoq chidolmasa kerak», degan topshiriq olgan edi.
— Ay gardash, xayollaring quvibla tashla. Kishi kishi ila soʻylashmagidan ulugʻ oʻlan choʻx goʻzal narsa yoʻqtur.
— Gapingning magʻzini chaqib ketyapman, — dedi Asadbek kulimsirab. — Menga qara, sen oʻzing oʻlimdan qoʻrqasanmi?

Mamatbey yoʻldan koʻz uzmagan tarzda bosh chayqab:
— Yoʻq — dedi. Soʻng ta’kidladi: — Qoʻrqmayman.
— Sen shunday deb oʻzingni aldayver. Boshqalarni laqillatma. Oʻlimdan qoʻrqmaydigan odam boʻlmaydi.
— Men qoʻrqmayman. Men joʻjiqlarimning yetim qolishidan qoʻrqaman, gardash.
— Ali xoʻja, Xoʻja Ali, — dedi Asadbek.

Mamatbey buning ma’nisiga tushunmay orqasiga tezgina oʻgirilib, Asadbekka qarab oldi:
— Anglamadim, na deding?
— Har ikkovi ham bir demoqchiman.
— Oʻzing-chi? Qoʻrqmaysanmi?
— Hamma qoʻrqadi...

Asadbek inson zoti borki, barchaning oʻlimdan qoʻrqishiga amin boʻlsa-da, «men ham...» deb tan olishni istamadi.

Abdurahmon tabibning uyida shifo umidida yashagan kunlarning birida xuddi hozirgiday oʻlim haqida soʻz ketgan edi. Oʻshanda tabib aytgan fikr Asadbekka ma’qul kelib, yodiga muhrlagan edi. Alhol oʻsha gaplarni esladi: «Inson oʻlim haqida dastlabki taassurotga ega boʻlgan ondan boshlab oʻziga oson oʻlim izlaydi. U goʻyo hayot kechirayotganday boʻladi. Ba’zan goʻyo baxtsizlik sahrosida azob chekadi. Banda bilmaydiki, baxtli kunida ham, baxtsiz qora kunida ham u asli bir yumush bilan mashgʻul — oʻlimini quvib borayotgan boʻladi. Marraga qachon, qay tarzda yetadi — yolgʻiz Ollohga ma’lum. Har holda sira kutilmagan, istalmagan onda yetadi bu manzilga...»

Tabibnikidan uyga qaytganida bu aqlli gapni Chuvrindiga ayta turib:
— Ana shunaqa, oʻlimni quva-quva yetolmay qaytib keldim shekilli. Menga chap berdi oʻlim, — degan edi. Chuvrindi esa:
— Chap bergani rost boʻlsin, — deb boshini quyi egib nimalarnidir oʻylagandi. Oʻshanda Asadbek bu holatga uncha e’tibor bermovdi. Hozir qorongʻi uyda birdan chiroq yoqilib, xonadagi barcha ashyolar aniq-tiniq koʻringani kabi oʻsha manzara koʻz oldida gavdalandi. «Oʻshanda oʻlimni oʻylabmidi? Marrasiga yaqinlashganini koʻngli sezibmidi?..» Ularning bu suhbatlari tabiatning oʻlim faslida — quzda boʻlgan edi. Tugʻilish fasli — bahor arafasida Chuvrindi marrasiga yetdi. Osonlik bilan yetdi. Asadbek kabi quvib-quvib charchamadi.

«Chuvrindini Kesakpolvon oʻldirtirgan», degan gumon bilan yashayotgan Asadbek oʻlim sirtmogʻining bir uchi bu tomonlarda ekanini oʻylab koʻrmagan edi. Hozir gumonlar togʻining choʻqqilari ana shu haqiqat chaqmogʻi nuridan yorishganday boʻldi. «Haydar oʻzicha jur’at etolmagan boʻlardi», degan fikr bu haqiqatga quvvat berdi. «Mahmud Shomil bilan kelganda qanaqa gaplar boʻlib oʻtgan? Shomilning kallasi olinganini mendan yashirgan edi. Yana qanaqa gaplarni yashirgan? Xongireyga nimasi yoqmay qolgan? Xongireyning maqsadi mening qanotimni qirqishmidi? Yo «Sen Hosilni oʻldirding, men oʻzingni emas, eng yaqin odamingni...» demoqchimi? Endi Haydar bilan topishdimi? Boʻlishi mumkin, ikki oʻgʻri bir-birining tilini tez tushunadi...»

Oʻgʻillarining tashvishi chiqib qolmaganida shu kunlar ichiyoq Asadbek Kesakpolvonni siquvga ola boshlamoqchi edi. Hozir «buyruq bu yoqdan boʻlgan», degan toʻxtamga kelgach, «tegmay turganim yaxshi boʻlgan ekan», deb qoʻydi.

Mamatbey roʻparasidagi koʻzgu orqali Asadbekka ikki-uch qarab oldi. Hamrohining xayollarini qandaydir gumonlar iskanjaga olayotganini sezdi. Uning xoʻjayiniga «qandaydir» emas, aniq gap kerak. Asadbek ham nodon emaski, bir-ikki gapga laqillab ichidagilarni dasturxon qilib yoysa. Mamatbey buni ham biladi. Bilsa-da, «chiqmagan jondan umid», deganlaridek, biron gapni gullab qoʻyarmikin, deb umid qiladi.
— Ay gardash, erta qarimakdan saqlan, koʻp oʻylanma. Nalarni oʻylamakdasan, yana oʻlimmi? Qoʻy oʻlimni. Oʻlim lablarindan oʻpich olmogʻimiz choʻx uzoqdir. Allax seni-da, bizni-da rohat ila yashasin, deb yaratmish ekan, men rohata toʻyganim yoʻqtur. Sen-da toʻymagansan. Oʻynamak va kulmak, kulmak va oʻynamak kerak! Gula-gula yasha, gardash! — Mamatbey shunday deb kuldi-da, orqasiga oʻgirilib qarab oldi.

Asadbek qarashidagi jiddiylikni oʻzgartirmagach, kulgisining umri qisqa boʻldi. Asadbek «Abdurahmon tabibning gaplarini aytib bersammikin», deb oʻyladi. Ammo «bu paytavafahm tushunarmidi», degan mulohazada gapdan tiyildi. Asadbek «men kimmanu u kim? U bir laycha boʻlsa...» degan fikrda suhbatlashishni istamadi. Mamatbey mashinaning old oʻrindigʻiga taklif qilganidayoq «bir laycha-yu, oʻzini xonday tutadi-ya!» deb gʻijingan, oʻzining kimligini ta’kidlab qoʻymoq maqsadida ortga oʻtirgan edi. Yoʻl-yoʻlakay suhbatga chorlashga intilayotganidan maqsad ne ekanin ham bildi. Bu ham tilining tiyilishiga sabab boʻldi. Lekin indamay ketishni ham ma’qul koʻrmadi. Bularni sergaklantirib, oʻzgacha oʻyga boshlab qoʻyishi mumkin boʻlgani sababli mashina «Dinamo» stadioni yonidan oʻtayotganida:
— Qayoqqa ketyapmiz? Hali uzoqmi? — deb soʻradi.
— Rohatsiz oʻlma, az qoldi. «Sokol» metrosindan chap tamon oʻtajakmiz, unda gardashimiz choʻx goʻzal bir restorant yapmish. Nomi-da choʻx goʻzaldir: «Lebedinaya pesnya»!

Asadbek bu nomni, unga berilgan ta’rifni eshitib ajablandi. «Gapining ma’nosini biladimi?» degan fikrda soʻradi:
— Nomini nima deding?
— «Lebedinaya pesnya», ya’nikim, «Aqqush qoʻshigʻi»! Choʻx goʻzal, a?
— Ha, goʻzal, — Asadbek shunday deb hamrohining koʻnglini koʻtarib qoʻydi. Oʻzining koʻngli esa yana xufton qorongʻuligiga yuz burdi. Chunki u «oqqush qoʻshigʻi»ning asl ma’nosini bilardi: aytadilarkim, oqqush oʻlimi yaqinlashganini payqab, balandlarga parvoz etarkanda hayotidagi soʻnggi qoʻshigʻini kuylarkan...

«Oqqush qoʻshigʻi» — demak, oʻlim darakchisi. Shub-hasizki, Mamatbey maqtovini keltirgan «gardash» Xongireyning odami. Restoran ham uniki. Oqqush qoʻshigʻining ma’nosini bilib, tushunib qoʻyganlarmi yo bu bir tasodifmi? Yo bu yer Xongirey hukmi ado etiladigan maskanmi? Bu restoranga mehmon boʻlib kirib, murda boʻlib chiqilmaydimi?

4

Elliginchi yillarda qurilgan mahobatli imoratning yertoʻlasi qayta jihozlanib restoranga aylantirilgan edi. Uquvsiz rassom qoʻli bilan chizilgan oqqush rasmi va «Ristoran «Lebedinaya pesnya» degan yozuv boʻlmasa bu yerning oddiy yertoʻlalardan farqi yoʻq edi. Tashqi tomoniga zeb berilmaganidan bu restoran maxsus odamlar uchungina xizmat qilishini, ortiqcha shov-shuvga muhtoj emasligini bilsa boʻladi.

Zinadan pastga tushayotgan Asadbek «Hamma hashami ichidadir», deb oʻylab yanglishmadi. Tungi maishatlarga moʻljallangan xos xonalar did bilan bezatilgan edi. Kunduz kuni boʻlgani uchunmi yo Xongirey «Hech kim qoʻyilmasin», deb amr etganmi, har holda xizmatchi yigitlardan tashqari hech kim koʻrinmadi. Xos xonalardan ham tovush chiqmadi.

Asadbek telpagini yechib xizmatchi yigitga uzatayotgan damda Mamatbey unga qaradi-yu, oqarib ketgan sochlarini koʻrib taajjublandi. «Qachon bunchalik oqardi? Yo boʻyatib yurarmidi?» degan savoliga javob topishga harakat ham qilmay, Asadbekni kattaroq ziyofatlarga moʻljallangan kengroq xonaga boshlab kirdi.

Yigirma besh kishiga moʻljallangan stol usti oliyshon makondagi kabi noz-ne’matlar bilan toʻldirilgan edi. Eti ustixoniga yopishgan, kal boshi chiroq nurida yaltillab turgan, koʻzlari ma’nosiz ravishda chaqchaygan odam dasturxon toʻrini egallagan edi. Xongirey esa uning muqobilida daxanini mushtumiga tiraganicha tikilib oʻtirardi. Mamatbey kirib salom bergach, Xongirey orqasiga oʻgirildi. Asadbekni koʻrib avvaliga ajablandi. Mamatbeyning xayolini yoritgan savol unga-da nasib etdi. Uning ajablanganini Asadbek sezdi. «Hali ham tirikmisan?» deb hayron boʻlyapti shekilli?» degan fikrga kelib, «Sen uchun afsuslar boʻlsinkim, Xudoga shukr tirikman», ma’nosida jilmayib qoʻydi.

Asadbekning chehrasini silab oʻtgan jilmayish Xongireyga ta’sir qildi. Tund yuzi yorishdi. Oʻrnidan turdi. Uzoq vaqt koʻrishmay sogʻingan qadrdon kabi quchoqladi. Sharqliklarga xos odob bilan avval oʻng, soʻng chap betini betiga qoʻydi.

Uning bu tarzda koʻrishishidan taajjublangan Asadbek «Bu bola oʻgʻri emas, artist boʻlishi kerak edi», deb oʻyladi.

Xongirey quchogʻidan boʻshagan ondan boshlab Asadbek uning koʻzlariga tikildi: biron ma’no uqmadi. Asadbek uning qarashida oshkorami yoki yashirinmi «Oʻgʻillaringni qoʻlga tushirib bopladimmi? Men bilan oʻchakishadigan senmisan hali?!» degan ma’no boʻlishi kerak, degan fikrda edi. Xongireyning qarashida ham, harakatlarida ham bu fikrni isbot etishga arzigulik holat koʻrinmadi.

Ular koʻrishayotgan onda toʻrdagi odam tili gʻoʻdiragan ravishda:
— Aftandil! — deb chaqirdi.

Xongirey oʻgirilib oʻz tilida bir nima dedi. Chaqchaygan koʻzlari yumilay deb turgan kal ham nimadir degach, Xongirey Asadbekning bilagini ushlab oʻtirishga joy koʻrsatdi.
— Bu mening otam, — dedi Xongirey. — Sen bilan ichishni xohlayapti. Sen undan irganma. Uning turgan-bitgani shu. Men uni shu holicha ham yaxshi koʻraman. Chunki u mening otam. Kutaisiga borgan edim, qaytishda ovulga kirsam otam yotib qolibdi. Jigar qurib bitganmish. Doʻxtirlar «yaqinda oʻladi», deyishibdi. Onam ham qiziq ayol. «Kasal ekan, oʻlar ekan», deb aroq bermay qoʻyibdi. Bir yoqdan kasallik azobi, bir yoqdan xumor azobi otamni yeb tashlabdi. Holiga qaragin... Chindan ham uning yelkasida Azroil oʻtiribdi. U umr boʻyi ichdi. Onamdan yashirib ham ichdi, urishib ham ichdi, yalinib ham ichdi. Endi oʻladigan paytda qiynashning nima keragi bor? Toʻgʻrimi? Ichsin, toʻyib-toʻyib ichsin, armonsiz ketsin.

Xizmatchi yigit kirib boʻgʻzi oq sochiq bilan oʻralgan shishadagi aroqni qadahlarga quydi.
— Ota, bu Asadbek, mening izzatli mehmonim, — dedi Xongirey ruschalab. — Mehmonim salomat boʻlsin. Ichamiz! — Xongirey shunday deb aroqdan xoʻplab qoʻydi.
— Otangning sogʻligi uchun! — Asadbek ham oxirigacha ichmadi.
— Tilaging uchun rahmat, — dedi Xongirey. — Lekin u endi sogʻaymaydi.

Otasi titroq qoʻllari bilan changallagan katta qadahni labiga yaqinlashtirib, aftini bujmaytirdi. Koʻngli ichishni istamasdi, vujud aroqqa toʻygan edi, ammo nafs hamon och edi. Toʻymogʻi ham mumkin emas, chunki imoni ojiz kishilarning och nafsi faqat lahad tuprogʻi bilan qanoat topadi. Xongireyning otasidagi koʻngil bilan nafs olishuvi aroqni xoʻrillatib ichish bilan yakunlandi. Asadbek choy, shoʻrva xoʻrillatib ichilganini koʻrgan, biroq bunaqasiga endi duch kelishi edi. Xoʻrillatish ham holva ekan, aroq ichib boʻlingach, tamaddi qilish oʻrniga yon tomonga qarab tupurildi. Eshik ortida shay turgan xizmatchi yigit kirib uning ogʻiz-burnini oq sochiq bilan artib qoʻydi. Yigit iziga qaytishga ulgurmay burun obdon tortilib soʻng yana tupurildi.
— Unga e’tibor berma, — dedi Xongirey. Soʻng avvalgi gapini takrorladi: — Uni shundayligicha ham yaxshi koʻraman. U — mening otam!

Asadbek Xongireyning maqsadini anglamadi. Otasiga ichirmoqchi ekan uyidami yo shu restoranning boshqa xonasidami ichiravermaydimi? Bu irkit tamoshaning nima keragi bor ekan?
— Kecha bu paytda ovulda edim. Onam bilan ancha tortishdim. «Otangni olib ketma, musofirlikda oʻlmasin», deydi. Moskvaga bugun ertalab keldim. Hozir joni chiqsa, ovulga hoziroq qaytaman. Bu yerga koʻmmayman. Chechen oʻz tuprogʻida yotishi kerak. Akademikni bilarding, a?
— Zelixonmi?
— Ha, Zelixan! U mening ustozim edi. Togʻda mashinasi halokatga uchrabdi. Oʻligini oldirib, ovuliga koʻmdirdim. Qoʻlimdan kelgani shu boʻldi. — Xongirey shunday deb xoʻrsindi-da, bir oz sukut saqladi. Ke-yin: — Kutaisiga borib keldim, — deb Asadbekka savol nazari bilan qaradi: — Nega bording, deb soʻramaysanmi?
— Nima uchun borganingni aytging kelsa men soʻramasam ham aytarsan, — dedi Asadbek xotirjam tarzda.
— Sulikoni koʻmishga bordim. Tanirding-a?

Xongirey Asadbek bilan Sulikoning qadrdonligini yaxshi bilsa-da «Tanirding-a?» deb atayin ta’kidlab soʻradi. Xongirey Kutaisidagi dafn marosimiga Asadbek ham yetib kelar, deb oʻylagan edi. U yerda uchratmagach, «nima uchun kelmadi ekan?» deb koʻp oʻyladi. Sulikoning vafotidan Asadbekning bexabar ekanini u bilmasdi.

Asadbek uchun Xongireyning xabari kutilmagan zarba boʻldi. Kecha oʻgʻillarining tashvishi bilan Sulikoning uyiga sim qoqqan, javob boʻlmagani uchun «biron yoqqa ketgandir», deb gumon qilgan, «birov oʻldirib ketgandir» degan fikr esa xayoliga ham kelmagan edi. Sulikodan darak boʻlmagach, ukasi Ilikoga telefon qilib «Boss Kutaisiga ketgan» degan javobni eshitgan edi. Ilikoning yordamchisi Asadbekni yaxshi tanisa ham fojiani nima uchundir aytmagan edi. «Kutaisiga biron ish bilan ketgandir» deb oʻylagan Asadbek unga Manzura bilan kelinlarini zudlik bilan Moskvadan joʻnatib yuborishga yordam zarurligini aytgan edi.

Asadbek kuchli mushtdan zarba yegan odam kabi bir zum karaxt oʻtirdi-da:
— Suliko? Datunashvilimi? — deb soʻradi.
— Ha, oʻsha, eski qimorboz oshnang, — Xongirey shunday deb suyanchiqqa yastandi. — Sen bilan telefonda qachon gaplashdim? Ha, shuning yo ertasiga yo indiniga uyiga kirib chopib tashlashibdi. Undan avval omadi kelib katta pul yutgan ekan. Negadir pulga tegishmabdi. Ilikoni bilasan-a, ha, ukasi. Uning mendan gumoni bormish. Bu bilasanmi, kimlarning ishi? Slavyanlarning ishi. Kavkazliklarni bir-biriga qay- rashyapti. Poʻstakkalla Iliko esa buni tushunmayapti. Slavyanlarning mendan alami bor. Bir-ikkitasining pachagʻini chiqarib tashlagan edim. Shulardan biri — sening Kozloving. Iliko ham Kozlovning yonini olgan edi. Nega Kozlovni himoya qildi, bilmaysanmi?

Asadbek savoldan kelib chiquvchi maqsadni anglab, istehzo bilan jimaydi:
— Bilmayman, azizim. Meni oʻrtaga tushgan deb yuruvdingmi? Mening dallollik qiladigan odatim yoʻqligini bilmasmiding? Men Suliko bilan oshna edim. Ukasi menga nisbatan senga yaqin. Oʻzini koʻrmaganimga ham bir yildan oshdiyov.
— Bunisi menga ma’lum, — Xongirey shunday deb chuqur nafas oldi-da, koʻzlarini loʻq qilib Asadbekka tikildi. Asadbek undan nigohini olib qochmadi. Ularning bu oʻtirishlari bolalarning «koʻz urishtirish» oʻyinini eslatardi.

Toʻkin dasturxonning bir tomonida Xongirey, ikkinchi tomonida esa Asadbek — ikkovi oʻziga xos ikki mulkning egasi. Oʻzini aqlli deb hisoblovchi bu ikki nodon bilmaydiki, ulardan-da avval, ulardan-da zoʻrroq sohibi mulklar oʻtganlar. Lekin osmon barchasini oʻz gardishiga olib, kulga aylantirgan.

Oldinroqmi keyinroqmi lahad tuprogʻi bilan toʻluvchi bu koʻzlar hozir bir-biriga tikilganicha bir-biriga kafan bichadi:
— Senga jahannam gullari nasib boʻlsin, — deydi Asadbekning koʻzlari.
— Mahmud ukangning oʻlimini unutma, bitta oʻlik siqqan goʻrga ikkitasi ham sigʻadi, — deydi Xongireyning koʻzlari.

Xongireyning Iliko haqidagi gaplaridan Asadbek bu mehmondorchilikdan maqsadni fahmlaganday boʻldi. Moskvaga bugun ertalab kelganini qayta-qayta aytishidan maqsadi — «oʻgʻillaringning mashmashasiga mening aloqam yoʻq, men Moskvada yoʻq edim» demoqchi. Bunaqa ishni amalga oshirish uchun Moskvada boʻlishi shart emas. Telefon degan beminnat dastyor bor ekan, dunyoning narigi chetida turib bu chetini ostin-ustun qilib yuborish hech gap emas. Xongireyning tagdor gaplari — kichkina bolaning goʻllik bilan topgan bahonasi.

Xongireyning asosiy maqsadi boshqa: Asadbekka hujumi hal qiluvchi pallaga kirganda vaziyat oʻzgarib qoldi — Iliko unga yovlashganday boʻlib turibdi. U yoqda Mahmudning fojiasi, keyinroq esa Sulikoning oʻlimi bir-biriga aloqador boʻlmasa-da, Iliko bularni zanjirning ikki halqasi deb bilishi mumkin.

Ilikoda gumon uygʻonganini u Kutaisidan qaytgach bildi. Iliko chindan yovlashdimi yo bu shunchaki xom gapmi, Xongirey hali tagiga yetganicha yoʻq. Shunday boʻlsa-da, ehtiyot chorasi shart, deb bildi.

Xongirey Iliko bilan yakkama-yakka tashlashishdan qoʻrqmaydi. Koʻnglidagi umidlardan biri — vaqti kelganda Ilikoni ham yanchib tashlash. Ilikoni yanchish degan gap mutlaq hokimlikka bir qadam qoldi, demakdir. Lekin u farahbaxsh kunlarga hali fursat bor. Uni hozir choʻchitib turgani — agar Iliko hamla qilsa yoniga boshqalar qoʻshiladi. Xongireyning Shaxovskiydagi qarorgohida ziyofatini yeb, unga oq fotiha berganlar ham bu vaziyatda Iliko tomonga oʻtib olishlari mumkin.

Asadbek Xongireyning xavotirini ilgʻaganday boʻldi. U Iliko bilan juda yaqin aloqada boʻlmasa-da, akasi Suliko bilan ogʻa-inilar kabi qadrdonligi bor edi. Xongirey buni yaxshi bilgani uchun ham Asadbekni yoʻldan olishda toʻgʻridan toʻgʻri oʻzi hujum qilmay avval Hosilboyvachchadan, soʻng Chuvrindi bilan Kesakpolvonning oʻzaro ziddiyatidan foydalanmoqchi boʻldi. Sulikoning dafn marosimidan soʻng u toʻgʻri Moskvaga qaytgan edi. Otasining ogʻir xastaligini bilsa-da, Asadbekning oʻgʻillari kelayotgani uchun ovuliga oʻtmadi. Otasini oʻzi emas, yigitlaridan biri bugun tongda olib keldi. Onasi esa uning amri bilan «Xongirey kelib otasini olib ketdi», degan gap tarqatishi lozim edi.
— Iliko Moskvaga ertaga qaytadi. Xohlasang ta’ziyaga birga borishim mumkin, — dedi Xongirey oradagi sukutni buzib.
— Yaxshi boʻlardi, — dedi Asadbek undan koʻz olmay.

Xongirey aytmasa ham Asadbek bu yerdan chiqib Sulikoning uyiga borishni oʻylab turgan edi.

Asadbek yangi uylangan kezlari, hali qimorni tashlamagan paytlarda «Tambovda katta oʻyin boʻladi», degan xabarni eshitdi-yu, «Oʻsha katta oʻyinini ham bir koʻray», deb belni baquvvat qilib bordi. Suliko bilan oʻsha yerda, qimor ustida tanishgan edi. Asadbekdan bir oz yoshroq boʻlgan Sulikoning kavkazliklarga xos qiziqqonligi bu oʻyinda pand berib, kattaga tushdi. Tushganda ham Asadbekka tushdi. Oʻyin oxirlaganda hech vaqosi qolmagan Suliko dabdurustdan:
— Men nomusim bilan xotinimni tikaman! — dedi.
— Erkak odam nomusini qimorga tikmaydi, — dedi Asadbek unga javoban.
— Unda xotinimni tikaman, — dedi Suliko gʻazab bilan soʻng Asadbekka oʻqrayganicha qoʻshimcha qildi: — Sen menga aql oʻrgatma, nimani tikishni oʻzim bilaman!

Asadbek xotirjam ravishda qarta tarqatdi. Bir necha soniyada xotinini yutqizgan Suliko katta qadahga toʻldirib aroq quydi. Qadahni labiga olib bordi. Biroq kutilmaganda aroqni oʻzining yuziga sepib yubordi-da, alam bilan:
— Xotinim Kutaisida. Xohlagan paytingda olib ket, — deb manzilni aytdi.
— Xohlagan paytimda olib ketaveraymi?— Asadbek shunday deb unga qaradi. Soʻng ikki qadahga aroq quyib birini Sulikoga uzatdi:
— Men xotiningni yutib oldim. U endi meniki, nima istasam shuni qilaman, toʻgʻrimi?

Suliko Asadbek uzatgan qadahni oldi-yu, unga tashlanib qolmaslik uchun oʻzini arang tutib, savoliga titroq ovozda «Ha», deb javob qildi.
— Unda eshit, — dedi Asadbek: — Men uni xotin qilmayman, xotinim bor. Oʻynash qilmayman, oʻynashlar tiqilib yotibdi. Mening singlim yoʻq. U menga singil boʻladi. Sen esa kuyov. Oramiz ochiq, kuyov bola... Ammo bitta shartim boʻladi: singlimni bundan buyon qimorga tikmaysan.

Qimorbozlar orasida bunaqa tantilik kam uchraydi. Shu bois toʻplangan qimorbozlar bu gapga bir ishonib, bir ishonmay tarqalishdi. Suliko esa «Men bilan hoziroq Kutaisiga joʻnaysan», deb turib oldi. Asadbek koʻnmagach, uch kundan keyin xotinini olib unikiga keldi. Asadbek «singlim» deb atalgan juvonni koʻrdi-yu lol qoldi, bunday goʻzal ayolni u hali uchratmagan edi.
— Shunday xotinni qimorga tikdingmi, ahmoq! — dedi Asadbek.
— Ahmoqligim rost. Faqat, sendan iltimos, qimorni xotinimga aytma... Tashlayman shu qimorni.

Koʻp oʻtmay Asadbek qimorni tashladi-yu, Suliko ahdida turolmadi. Oxiri shu tufayli boshini yebdi...

Oʻshanda Suliko qoʻyarda-qoʻymay Asadbekni Kutaisiga olib ketgan edi. Mard odamning qadriga yetuvchi gurjilar uchun Asadbek azizlarning azizi martabasiga koʻtarilgan edi. Sulikoning bobosi togʻlar orasidagi kichik bir qishloqda yashar ekan. Asadbekni oʻsha yerga ham olib borishdi. Ruschani buzib-buzib gapiruvchi cholning xayrlashuv chogʻidagi bir gapi Asadbekning esida qolgan:
— Inson oʻzgalarga mehr-muruvvat koʻrsatish uchun yaralgan. Yoʻqsa, dunyoda jonivorlar yetarli...

Oqsoqol oʻshanda gapira turib ehtiros bilan hatto she’r oʻqib yuborgan edi:
— «Doʻstlar uchun jonfidolik gʻoyat ulugʻ fazilat,

Ogʻir kunlar sinovida bilinadi doʻst faqat» — Bilasanmi, bu kimning gapi? Bu — Rustaveli! — oqsoqol faxr bilan shunday deb yana oʻqigandi:
— «Ulugʻlaylik, doʻstlarni deb jonni bergan erlarni,

Qadrlaylik yaxshilikka buloq boʻlgan dillarni».

Oqosoqol shundan keyin yana gʻurur bilan «Bu — Rustaveli!» deb qoʻygan edi. Oʻshanda she’rning mazmuni yoqib, eslab qolishga urindi. Bir qancha muddat eslab ham yurdi, ammo keyinchalik yodidan koʻtarildi.

Oʻshanda Suliko bilan Ilikoni miriqib kuldirgan voqea ham sodir boʻlgandi. Oqsoqol faxr bilan tilga olavergani uchun «Rustaveli bularga qarindosh shekilli?» deb soʻraganda aka-uka qotib-qotib kulishgan edi. Keyin uning kimligi, yozgan asarini gapirib berishgandi. Asadbek asarning toʻla nomini esdan chiqargan, yodida qolgani — yoʻlbars terisi haqidagi narsa...

Taqdirning yovuz oʻyinini qarangki, mehr-muruvvatdan gapiruvchi oqsoqolning bir nabirasi oʻgʻriboshi, yana biri qimorboz edi. Donishmand ahli «Mol tekin kelsa dil berahm boʻladi», deb bejiz aytishmagan. Tekin molga mahliyo boʻlib yashayotganlarida vaqti kelib oʻzlari kabi yana bir berahm dilning qurboniga aylanishlarini oʻylashmaydi.

Berahm dillar saltanati fuqarolarida mehr-muruvvat, yaxshilik-yomonlik tushunchalari yoʻq demoqlik nooʻrin. Ulardagi mavjud mehr ham, muruvvat ham oʻz nafslarining amriga koʻra belgilanadi. Ular bir odamga yaxshiliq qilmoq uchun ikkinchisining jonini oladilaru buni muruvvat deb baholaydilar. Yaxshilik va yomonlikni boshqa-boshqa, bir-biridan ayri-ayri narsa deb fahmlaydilar. Yaxshilik va yomonlikni ikki emas, bir tushuncha, ya’nikim, yaxshilik yomonlik qilmaslikdir, deb anglamoqlik ne’mati ularga nasib etmagan.

Bir dasturxon atrofida oʻtirib, gapi gapiga qovushmayotgan odamlarning biri ikkinchisiga qanday tuzoqlar qoʻyyapti ekan? Ikkinchisi birinchisiga qanday choh qaziyapti ekan?

Vallohi a’lamki, balki ayni shu damda shayton alayhila’na oʻzining qilmishlaridan iftixor qilgan tarzda maqtanganicha bu ikki odamni koʻrsatib: «Ey oʻn sakkiz ming olamni toʻliq hikmati ila yaratgan Tangri! Sen ixlos va muhabbat bilan yaratgan Odamning bu bolalarini koʻrib qoʻy. Bular aslo sening bandalaring emas endi. Ularni men band etganman. Bittagina bugʻdoy donasidan boshlagan vasvasalarim mevasini koʻryapsanmi? Yer yuzidagi ularning adadini oʻzim ham sanab sanogʻiga yetolmayman. Hademay koʻrib turganing bu ikki insonning biri sening huzuringga joʻnaydi. Bu dunyoda qilgan gunohlari roʻparasiga dasturxon qilib yoyilganida shubhasizki, meni eslaydi, mening nomimni tilga oladi. «Shayton yoʻldan urdi», deb meni ayblaydi. Ey, barcha narsalardan boxabar Tangri, oʻzing guvohsan, men ularning qoʻllaridan mahkam ushlab, zoʻrlab yetaklaganim yoʻq. Sen ularga ham aql va zehn bergan eding. Men faqat ularning aql koʻzlarini nafs pardasi bilan toʻsib koʻr qila oldim, zulm dunyosini ularga chiroyli qilib koʻrsatdim xalos. Mening olamimga ular oʻz oyoqlari bilan yurib kirib keldilar, yayrab yashadilar. Sening huzuringga bormoq va hisob bermoqqa majbur ekanliklarini unutdilar. Yaratmish Tangrini unutguvchilarga bu dunyoda qanday ajr bermoq — qanday oʻlimni ravo koʻrmoq oʻzingga havoladir», deyayotgandir...

Haq taolo odamlarga insoniylik jomasini inoyat qilgan ekan, bu libos yirtilmas, iflos ham boʻlmas ekan. Afsus shuki, bu libos barchaga birday nasib etmas ekan. Kim berahm dillar olamiga tobe boʻlibdi, bu libosdan mahrum etilibdi, umrini yalangʻoch holda yashab oʻtibdi. Eski kiyimda boʻlgani bilan kishining odamgarchiligi yoʻqolib qolmagani kabi ustidagi eng yaxshi libos ham kimsaning insoniylikdan uzoqligini yashira olmaydi. Daryoni koʻzaga qamash mumkin boʻlmaganidek, bu berahm dillardan toshib chiqayotgan zulm oqimini jilovlashning imkoni yoʻq.

Aql va nafs bir-biriga ziddir. Aql rad etgan narsani nafs da’vo qiladi.

Ularning nafslari esa zulmga homiladordir...

Yomonlikni kasb qilib yaxshilik umid qiluvchilar qanchalar nodonlar. Ular Tangrining «Fa man ya’mal misqola zarratin xoyron yaroh, Va man ya’mal misqola zarratin sharron yaroh»[5] degan amrini bilsalarmi edi... balki qorongʻu fikrlariga yorugʻlik moʻralarmidi...

Bir-biriga roʻpara oʻtirgan ikki odam bularni bilmaydi. Umrlari adogʻiga qadar ham bilolmay oʻtsalar ehtimol.

Xongirey Asadbekdan koʻz uzmagan holda:
— Oʻzing sogʻmisan, Bek? — deb soʻradi.
— Sogʻman, rahmat, — dedi Asadbek tetik ovozda.
— Oʻtgan safar koʻrganimda ranging past edi. Hozir yaxshisan, koʻrinib turibdi.
— Ha, rangim ba’zi odamlarga gʻalati tuyulgan edi, — dedi Asadbek tagdor qilib. — Ba’zilar «Asadbek oʻladigan boʻldi», deb janozamni ham oʻqib qoʻyishibdi.
— Oʻlish uchun oʻladigan kasal boʻlish shart emas, — Xongirey shunday deb otasiga qarab oldi: otasi stul suyanchigʻiga yastanib, boshini bir yonga qiyshaytirganicha uxlab oʻtirardi.
— Qizing tuzalib ketdimi? Hosil kasal, deganday boʻluvdi.

Bu gapni eshitgan Asadbekning beti uchdi. Bu oʻzgarishni sezgan Xongireyning yuzini esa mamnunlik yeli silab oʻtdi. «Ha, xunasa, buni ham yetkazgan ekan-da», deb oʻyladi Asadbek. Sir boy bermaslikka intilib, javobni hayallatmadi:
— Qizim yaxshi, tuzalib ketdi.
— Oilang tinch boʻlsa, xursandman, Bek. Agar yoʻq demasang, endi ishdan gaplashsak. Moskvaga nima uchun kelding?
— Pivo tsexi ochsammikan, devdim. Shuning harakatida yurganimda oʻgʻillarim chet eldan qaytadigan boʻlib qolishdi. Kutish bahonasida bu ishni ham pishirib olarman.
— Oʻgʻillaring kelishdimi?
— Ha. Mehmonxonada turishibdi.
— Olib kelmabsan-da, mehmonim boʻlishardi.
— Shaharni sogʻinishibdi.
— Pivo tsexiga tegishli ishlaringga yordam beraymi?
— Masala hal boʻlay deb turibdi. Ish pishmasa oʻzingga aytarman.
— Bir-birimizga yordam berib turmasak bu dunyoda yashashimiz qiyin. Slavyanlar bizlarni yanchib tashlashadi. Bek, agar sen menga muhtoj boʻlmasang, menga sening yordaming kerak.
— Qoʻlimdan kelsa...
— Qoʻlingdan keladi. Xohishing boʻlsa bas. Men juda katta ishni boshlab qoʻyganman. Oxiriga yetkaza olsam bir vagon pul boʻladi. Sen qora dori olib oʻtishimda yordam berasan.
— Knyaz, adashma. Bu masalaga munosabatimni bilarsan, devdim.
— Bilaman. Endi munosabatingni oʻzgartirishing kerak.
— Qoʻlimdan kelmaydi. Xohishim ham yoʻq.
— Hosilning sherik boʻlish ahdi bor edi. Uni oʻldirding. Gapni aylantirma! Oʻldirganingni aniq bilaman. Mayli, bitta odam oʻlgani bilan dunyo gʻariblanib qolmaydi. Mahmudbey gʻilayni boshlab kelganida menga yoqdi. Sheriklik qilishga va’dasi bor edi. U ham oʻldi. Nega oʻldi, a? Aniqlamadingmi?
— Aniqlayman.
— Balki oʻzing oʻldirgandirsan? Menga sherik boʻladiganlar senga yoqmaydi-ku? Mayli, sen titrama. Mahmudbeyni sen oʻldirganmisan yo boshqami, menga farqi yoʻq.

«Sheriklikka va’da berishi mumkinmas. Aksi boʻlgandir», deb oʻyladi Asadbek. Ammo xayoliga kelgan fikrni tiliga koʻchirmadi.
— Bilasanmi, biz kimmiz? — Xongirey savoliga javob kutmay gapini davom ettirdi: — Biz gʻizillab yurib ketayotgan mashinaning murvatlarimiz. Mashina yaxshi yurishi uchun eski murvatlarni almashtirib turish kerak.

«Demak, men eski murvatman. Almashtirasan. Yangi murvat kim? Haydarmi? Qani, gapiraverchi...»
— Sen qimorboz eding, Bek. Qimorda hadeb omad kelavermaydi, tushunyapsanmi?
— Tushunyapman. Hozir sening omading keldimi?
— Aniqroq aytaymi: sening omading ketdi. Shunga yarasha ish qil. Menga sherik boʻlmasang chetga chiqib tur. Oʻgʻillaringning toʻylarini qilu nevaralaringni boqib oʻtiraver. Endi yoʻlimda paydo boʻlib qolsang, ayash yoʻq — yanchib tashlayveraman, — Xongirey shunday deb kafti bilan stolga urib qoʻydi.

Asadbek uning bu qiligʻini koʻrgach istehzo bilan kulib, bir nima demoqchi boʻldi-yu, oʻzining «men gap odami emas, ish odamiman», degan aqidasiga sodiq qolib tilini tiydi. Moʻmin qiyofasini oʻzgartirmadi. Biroq, aytmoqchi boʻlganini diliga tugdi: «Hali sen meni yanchmoqchimisan? Qani, bir urin-chi? Meni yanch-moqchi boʻlganlarning birinchisi sen emassan. Oxir-gisi ham emasdirsan har qalay. Meni pachoqlab oʻtmoqchi boʻlganlarning qanchasi qoqildi, qanchasining oyoqlari sindi, boʻyni egildi. Yana qancha oyoqlar sinishga mahtal boʻlib turibdi. Sening bu chillak oyoqlaring ham shularning old qatorida. Sen befahmlarda andisha degan narsa yoʻq. Shuning uchun bizlardagi andishani qoʻrqoqlik deb hisoblaysanlar. Men hozir sening koʻ-zingga chorasiz qoʻzichoq boʻlib koʻrinyapmanmi? Yaxshi. Lekin bilib qoʻy: yoʻlbars har qanaqasiga yoʻlbarsdir, u hech qachon qoʻy boʻlolmaydi!»

«Oqqush qoʻshigʻi» restoranidagi suhbatda koʻp gaplar aytilmadi. Zulm bulogʻidan bahra olguvchi maqsadlar goʻyo sirlar pardasiga oʻralgan edi. Goʻyo deyilishiga sabab: ohanraboning ikki qutbi kabi boʻlmish bu ikki odam bir-birining niyatini yaxshi anglab turardi. «Bolta tushgunicha kunda dam oladi», deganlaridek, hozircha oʻzlarini bir-birlarining qora niyatlaridan bexabar qilib koʻrsatadilar. Ularning har biri oʻzini bolta, xarifini esa kundaga qoʻyilguvchi bosh deb hisoblashadi.

«Oqqush qoʻshigʻi» restoranidagi ikki odamning qaysi biri bu kun soʻnggi qoʻshigʻini ayta boshladi — yolgʻiz Yaratganga ma’lum.

VII bob

I

Qaysi bir kuni Jalil Kesakpolvonning qiliqlaridan gʻashi kelib, Asadbekdan:
— Dunyoda uchta narsa yoʻq, bilasanmi? — deb soʻragan edi. Asadbek bolalik yillaridan esdalik boʻlmish bu topishmoqni eshitib kulimsiragan, javobni bilsa ham «hozir boshqa gap topadi», degan xayolda indamay qoʻya qolib yanglishmagan edi.
— Hovuzning qopqogʻi, osmonning ustuni yoʻq, a?— degan edi Jalil. Soʻng: — Uchinchisi-chi? Bilmaysanmi? — deb javob talab qilganda Asadbek:
— Uchinchisi — oshpichoqning qini yoʻq, — deb osongina qutilmoqchi boʻlib, bu safar adashdi.

Ushlagan joyni kesuvchi Jalil unga sinchiklab tikilgani holda:
— Rostdan bilmaysanmi? Xoʻp, osmonga ustun, hovuzga qopqoq qilib boʻlmaydi. Lekin oshpichogʻingga qin qilish qiyinmas. Uchinchisini bilmasang bilib ol: ogʻayning Haydar pakanada vijdon yoʻq! Bu haromi oshnang dunyoda vijdon nima ekanini bilmay oʻtar, — degan edi.

Jalil vijdon tushunchasini oʻz aqli qamrovi bilan oʻlchar edi. Bu sohada Asadbekning, ayniqsa Kesakpolvonning oʻlchovlari ayri-ayri edi. Hatto Jalilga vijdonsizlik boʻlib tuyulgan narsa ular uchun vijdonning yuqori martabasidagi koʻrinish hisoblanardi. Bir tuproq ustida istiqomat qilib, bir havodan nafas olib, bir suvdan ichib kun koʻrganlari holda boshqa-boshqa olamda yashovchi bu odamlarning vijdonga oid oʻlchov va tushunchalari bir xil boʻlishi mumkin ham emas.

Chuvrindining oʻlimida Kesakpolvon gumonsirilayotganidan Jalil bexabar edi. Bilganda «bu gumon emas, haqiqat! Bu qabihlik faqat uning qoʻlidan keladi», deyishi muqarrar edi.

Asadbek, otasi qamalib, «xalq dushmanining bolasi»ga aylangach, bir yil sinfda qolib, oqibatda «detdom bolasi» hisoblanmish Haydar bilan birga oʻqigan edi. Boʻlajak Kesakpolvonni u paytda hamma «Haydar pakana» deb atardi. Pero oʻgʻirlash voqeasidan soʻng Haydar pakana Asadbekdan uzoqlashmadi. «Detdom bolasi» degan vahimali nomi, yonida buklama pichoqcha olib yurishi ustiga Asadbekning himoyasiga oʻtib olgani unga qalqon vazifasini oʻtagan edi. Bolalar undan zulm koʻrishsa-da, javob qaytarishga botinmay turishardi. Bu masalada faqat Jalil tap tortmasdi. Haydar pakana unga yomonlik qilmasa ham, kunda boʻlmasa-da, kun orami, ishqilib Jalilning tepkisini yeb turardi. Bir kuni Asadbek Haydar pakananing nolalarini inobatga olib, Jalil oʻrtogʻiga:
— Nega bekordan bekorga tepaverasan, senga yomonlik qilgani yoʻq-ku? — deb tanbeh bergan edi. Shunda Jalil:
— Shu pakana oshnangning turqi sovuq, basharasini koʻrsam, oyogʻim qichib «Tep!» deb turaveradi. Shu pakanang aslida tepish uchun yaralgan. Yomonlik qilmasa ham tepaveraman, sen aralashma. Yomonlik qilsa, aytib qoʻy, shartta oʻldirib qoʻya qolaman, — degan edi.

Maktabni bitirishganda «endi qorasi oʻchar», deb oʻylovdi, yanglishdi — qorasi oʻchmadi. Keyinroq kissavurlik qilib qamalganida «endi chiqqan joyiga kirib ketdi, qorasi oʻchishi aniq», deb oʻylab yana adashdi. Haydar pakana deganlari qamoqda oʻziga mos hamtovoq topolmaganmi, yana Asadbek atrofida xira pashshadek oʻralashaverdi.

Asadbek uylanganidan soʻng Jalil kuyovjoʻralik martabasidan foydalanib «bu gʻarkoʻz oshnang endi ostonangni hatlamasin», deb shart qoʻydi. Asadbek «xoʻp» dediyu ahdiga vafo qilmadi. Haydar pakana shu oilaning yaqin kishisiday kirib-chiqib yuraverdi. Asadbek Tambovdagi oʻyinga ketar mahali Jalilga «keliningdan xabardor boʻlib tur», deb tayinlagan edi. Oshnasi ketgan ondan boshlab Jalil xotinini Manzuraning yoniga chiqardi. Ertasi kuni noringa xamir qorish uchun chiqqan xotini darrovgina qaytdi. «Ha, norin qormaydigan boʻldilaringmi?» deb soʻradi Jalil xotinidan. «Mullakamning anov oshnalari kelib qoldi», dedi xotini. Xotini bir marta «Haydar aka», deb uning nomini tilga olganda Jalil «Bu haromi qachondan beri senga «aka» boʻlib qoldi», deb soʻkib bergan edi. Shu bois «mullakamning anov oshnalari» deganda Jalil kim nazarda tutilganini darrov fahmladi-da «Ovsiningni yolgʻiz tashlab chiqaverdingmi, ahmoq!» deb soʻkib, oʻrnidan turdi.

Jalil hovliga kirganida Haydar pakana uy ostonasida toʻgʻon boʻlib turib olgan, Manzura esa ichkarida sayyod toʻrida ilojsiz qolgan gʻazzola kabi jonsarak koʻzlari bilan najot izlardi. Jalil yugurib keldiyu he yoʻq, be yoʻq Haydar pakananing yumshoq yeriga tepib qoldi. Pakana oʻgirilishga ham ulgurmadi — ichkariga qarab munkidi. Jalil esa uning ensa sochlaridan mahkam changallaganicha turgʻizib, hovli tomon tortdi-da yana bir-ikki tepib koʻchaga chiqarib tashladi. Ovoz chiqarib soʻkmadi, Haydar pakana ham «nega tepasan!» deb dagʻdagʻa qilmadi. Manzura xuddi gunoh ustida qoʻlga tushganday, isnod oʻtida yonib ichkari kirib ketdi.

Jalil Haydar pakananing uzoqlashishini kutib turdi-da, soʻng hovliga qaytib, huddi hech qanday voqea yuz bermaganday:
— Manzura, tezroq boʻllaring, qorin tatalab nogʻora chalib yubordi! — dedi. Bu gapni mehribon aka ovozida aytdi. Uning nazarida bu ohang Manzuraga dalda berishi lozim edi. Ammo ichkarida titrab turgan juvonga har bir soʻzi toʻqmoq kabi zarba berganini bilmadi.

Asadbek qaytgach, Jalil aytadiganlari Manzuraga jabr boʻlishini anglab, mashmashani ma’lum qilmadi. «Ursa xotinini bir-ikki urardi, ammo bu pakanani yoʻqotardi», deb bu ishi uchun oʻzini keyinroq koyidi.

Eski hovliga qadam bosishdan oldin Jalilnikiga xavotir bilan qaraydigan boʻlib qolgan Haydar pakana Asadbek yangi uyga koʻchgach, bu havotirdan qutuldi. Jalil ham oʻrtogʻini nazorat qilishdan tiyildi.

Jalil Kesakpolvonning barcha qiliqlarini bilganida oshnasiga jumboqli savol aytib, vijdon haqida gapirib oʻtirmasdi. Oʻshanda Asadbek «ikki gapingning birida «oshnang odam emas», deysanu vijdondan masala soʻqiysan. Agar odam boʻlmasa, unda vijdon nima qiladi?» demoqchi boʻldiyu «arining uyasini kavlamay qoʻya qolay» deb fikrini tilga koʻchirishdan tiyildi.

Chuvrindining oʻlimidan soʻng Asadbek hasrat dasturxonini yoyib gumonini aytsami, Jalil eski paxtani chuvigan misol barcha tanbehu dashnomlarini bir-bir eslatib «ana endi esing kirganga oʻxshaydi. Lekin kechikib kirgan esning foydasi boʻlarmikin? Shu pakanangning razilligini bilishing uchun yaqin odaming-ning oʻlimini kutishing shartmidi? Ilgariroq esing kirganda shu bola uvol ketmasdi-ya...» degan boʻlardi.

Kesakpolvon Jalilda mavjud nafratni bilardi. Jalil tepmay qoʻygan boʻlsa ham undan tepkidan zoʻrroq, tepkidan yomonroq bir narsani kutib yurardi. Ayniqsa ikki oshna xoli qolib gaplashguday boʻlishsa, bu tomonda Kesakpolvonning quloqlari ding turardi.

Qabristonda Asadbek gʻazabga toʻlgan koʻzini qadab «Yoʻqol!» deganida bir oz chekindi-yu, Jalil yaqinlashib nimalardir deganida xavotirga tushdi. Ikki oshna qabristondan birga chiqib, birga ketib, soʻng mayit chiqarilgan xonadonga qaytib borishmagach, bu xavotir yanada oshdi. Ana oʻshanda «sal oshirvoribman, hozircha oʻldirmay boshqa chorasini qilib tursam boʻlarkan», deb afsuslandi.

Kesakpolvonda «shu ishni toʻgʻri qildimmi?» deb taroziga solib fikrlash odati yoʻq edi. Chuvrindining oʻlimidan soʻng bu odatini kanda qilib oʻylab koʻrdi. «Boshqa chora»ning qanday boʻlishi mumkinligini koʻp oʻyladi. Noiloj aqli oxir-oqibat «oʻlimdan boshqa chorasi yoʻq edi», degan xulosada toʻxtab, unga tasalli berdi. Vijdon azobi nima ekanini bilmaydigan uning ruhi bu safar ham bezovta boʻlmadi.

2

Asadbekni kuzatgan Kesakpolvonda oʻzi ham tushunmagan bir his uygʻondi. Oshnasining taxtini tezroq egallash umidida yashayotgan bu odamdagi tushunuksiz hisni armon demoq-da mushkul, hamdardlik demoq-da nooʻrin. Balki muvaqqat tarzdagi achinish demoq joizdir? Ha, voqean shunday. Kesakpolvonning nazarida Asadbek oʻgʻillarini olib kelish uchun emas, Moskvada oʻzi uchun yasab qoʻyilgan temir tobutga tushib qaytish maqsadida ketayotganday edi. Bolalik yillaridan beri yaqin boʻlib qolgan odamini soʻnggi marta tirik holda koʻrayotganday edi. Ana shu achinishga hamohang tarzda «shu ishlarga qoʻshilishim shartmidi, buning soyasida yomon yashayotganim yoʻq edi-ku?» degan umri qisqa fikr tugʻilib, oʻlishga ham ulgurdi. Asadbek xastalanganda uning tuzalib ketishini istagan odam endi oshnasining temir tobutda qaytishini xohlardi. Ana shu xohish achinish hissini boʻgʻib qoʻya qoldi.

Jalil aytmoqchi, Kesakpolvonda vijdon boʻlmasa-da, unda oʻgʻrilarga xos ziyraklik mavjud edi. Oʻgʻri uchun vijdon, adolat, mehr degan fazilatlar ortiqcha yuk, bularsiz bemalol hayot kechiraverishi mumkin, biroq, ziyrakliksiz yashay olmaydi. Chuvrindining oʻlimidan soʻng ana shu ziyraklik yana bir foyda berdi: oshnasining koʻnglidagi gumonni sezib, etagini yopib olish chorasini qilib qoʻydi — birinchi galda Xumkallani yoʻqotdi. Chuvrindining hovlisida Asadbekning bezovta nazari Xumkallani izlayotganini sezdi-yu, ertasiga oʻzi gap ochib:
— Dayusning bolasi koʻrinmaydimi? — deb Asadbekdan soʻradi.

Asadbek «Dayusning bolasi kim?» degan ma’noda qarab qoʻydi.
— Xumkallani aytaman. Kecha ham koʻrinmadi. Uyiga bola yuboruvdim, milisa ham surishtirib kelganmish. Bir ishkal chiqardimi deyman. Sen ish-pish buyurmovdingmi?

Asadbek bu savoldan ajablanganday a’yoniga tikildi. Uning gumoni boʻyicha, agar Mahmudni Kesakpolvon oʻldirtirgan boʻlsa, begonaning emas, oʻz yaqinlaridan birining qoʻli bilan qiladi bu ishni. Bunaqa ishda qotil — asosiy guvohning yashamogʻi mumkin emas, sirni oʻzi bilan birga narigi dunyoga olib ketishi shart. Kesakpolvon tagʻin ham marhamat qildi — Xumkallaga yana bir kun yashashga imkon berdi. Qotil yoʻqotilgach, izini ham yopish kerak. Milisa «KamAZ»ning haydovchisini ertalabga qolmay topib, qamab qoʻygan. Boʻkib ichgan haydovchi mastlikda «KamAZ»ni kimga, necha shisha aroq evaziga sotib yuborganini eslolmadi. Xumkalla milisaga kerakmas, uning oʻligini ham, tirigini ham qidirishmaydi. U Asadbekka kerak. Qotilning xojasi boʻlmish Kesakpolvon buni bilmaydimi? Baloni ham biladi u. «Xumkallaning izini yoʻqotish uchun shu nayrangni oʻylab topdimi? — deb oʻyladi Asadbek. — Mening kavlashtirishimni biladi, bu xunasa. Xumkallaning uyiga milisa yubortirib ishni puxtalab qoʻygandir... Qiziq, bu ilgari ham bez boʻlib qarab turarmidi yo endi shunaqa boʻlib qoldimi?»

Asadbek a’yoniga bir oz tikilgach, afsuslangan odam kabi uf tortib, bosh chayqadi-da:
— Bollaring bebosh boʻlib ketdi. Jilovni ja-a boʻsh qoʻyvording, — dedi.

Kesakpolvon ham afsuslangan odam kabi iyagini kafti bilan silab:
— Men emas, — dedi. — Bek, xafa boʻlmagin-u, Mahmud boʻsh qoʻyvordi. Mayli, yer yetkazmasin-u, lekigin, koʻngli boʻsh boʻlib qoluvdi ukaxonning. Senam sezmay yurding, bir ish buyursang oxiriga yetkazmasdi. Men bilardimu, jahling chiqmasin, deb aytmasidim. Ukaxon shu Xumkallaga doʻxtirni qurit, deb topshirgan ekan, — Kesakpolvon shunday deb Asadbekka sinovchan boqdi. Xojasining yuzlarida oʻzgarish sezmagach, osoyishta ohangni oʻzgartirmagan tarzda davom etdi:— Xumkalla oʻldirmabdi oʻsha doʻxtir bolani. — Bu gapdan soʻng Asadbekning qoshlari xiyol chimirildi. Kesakpolvon buni sezmagan kabi gapidan toʻxtamadi: — Uni yashirib qoʻyibdi. Oʻzim ham bugun bilib qoldim.
— Kimdan eshitding? — deb soʻradi Asadbek yuzini teskari burib.
— Tolmas aytdi, — dedi Kesakpolvon.
— Tolmasing kim?
— Choyxonadagi qozimiz bor-ku, oʻsha. Maishat ustida Xumkalla yorilibdi-da, yarim kechada mayda-chuyda qilib borishibdi oʻsha doʻxtir yashirinib yotgan joyga. Nima qilay, bolalarga aytaymi, doʻxtirni tinchitib kelishsinmi?
— Yoʻq, — Asadbek shunday deb yana unga qaradi. — Tegmalaring. Boʻldi, yashirinmasin. Oʻtgan gap oʻtdi. Ishini qilib yuraversin.

Asadbekni kuzatib kelayotganida Kesakpolvon mana shularni bir-bir esladi. Xojasiniing tikilib qolishi, qoshlarining bilinar-bilinmas chimirilishi, yuzini teskari burib olishi... bularning barchasi uning xotirasiga muhrlangan edi. Salkam qirq yildan beri yonida yurgan odam xojasining tik qarashi, qoshlarining chimirilishi va oqibat yuzlarini burib olishi sababini bilmas ekanmi?

Asadbekka «Oʻqilon» degan laqabni Kesakpolvonning oʻzi bergan edi. «Sen chaqmaysan-u, lekin tovondan teshib kirib, miyani oʻpirib chiqib ketasan», degan hazil bilan boshlangan gap oqibatida Asadbekka «Oʻqilon» degan nom tojini kiydirgan edi. Chuvrindi ularning bagʻridan issiq makon topgan dastlabki haftalarda bu laqabdan ajablanib:
— «Kobra» deyilgani yaxshimasmidi, yo «Anakonda»mi?.. — deb soʻraganda Kesakpolvon:
— Koʻzoynakli iloning chaqishdan oldin lunjini shishirib hunar koʻrsatadi, tebranib turaveradi. Ilojini qilib uni tinchitish mumkin. Boʻgʻma iloning ham xatarli emas. Lekigin oʻq ilon qachon tashlanishini bilmaysan. Bek akang ham shunaqa. Kallasida qanaqa moʻljal bor, kimga tashlanadi, qachon tovonni tesha-di — bilib boʻlmaydi. Sen undan mana shu odatni oʻrgan. Men ming oʻrganay dedim-u, eplolmadim. Tabiatim boshqa mening...

Kesakpolvon uyga qaytaturib shu voqeani ham esladi. U Chuvrindining oʻlimi tufayli Oʻqilonning talvasaga tushajagini hisobga olgan edi. Birga boʻlgan yillari davomida u Asadbekning gʻashini keltiradigan, jahlini chiqaradigan ishlarni koʻp qildi. Bu ishlari xojasining qahrli qarashi yoki boloxonador soʻkishlari bilan yopdi-yopdi boʻlardi. Chuvrindining oʻlimini oʻsha ishlar sirasiga kiritmasa-da, xojasini larzaga soluvchi katta fojiaga aylanar, deb oʻylamovdi. Fojianing zaminida taxt talashish masalasi yotmaganida, bu ishlardan Xongireyning sovuq nafasi ke-lib turmaganida balki Kesakpolvonning moʻljali aniqroq chiqardi. «Bek, jon oshnam, ahmoqlik qildim, kechir», desa Asadbek balki uzrini qabul qilardi.

Kesakpolvon adashganini janoza kuni, qabristonda ekanida anglab qoldi. Angladi-yu, dumi bosib olingan Oʻqilon endi tovonini teshajagini fahmlab choʻchidi. Keyingi kunlarda ehtiyot choralarini qilib yurgan boʻlsa-da, koʻngil bezovtaligi kuchaysa kuchaydiki, arimadi. Shu bois ham xojasining temir tobutda qaytishini juda-juda istadi. Nazarida aynan shu tobut uning xaloskori edi.

U yana ehtiyot chorasini qilib, idoraga bormay, telegrafga kirib Xongireyga qoʻngʻiroq qildi. Yangilikdan ogoh etib qoʻyish bahonasida Termizdan mol olib, Samarqanddan kuzatilgan mehmonlarning eson-omon yetib olganlari bilan qiziqib, bu xizmati evaziga yangi xoʻjayinidan olqish olishga umid qilgan edi. Olqish oʻrniga «ha, boʻpti» degan lanj javobni eshitgach, koʻngil gʻashligi kuchaydi. Koʻchaga chiqib, qoʻllarini shimining choʻntagiga tiqqanicha bir oz harakatsiz turdi. Idorada qiladigan ishi yoʻq — borgisi kelmadi, koʻngil maishatni ham istamadi. Hatto ichishni xohlamadi. «Bi-ir ichsammikin?» degan fikr xayoliga kelishi bilan koʻngli aynidi. Kamdan kam sodir boʻluvchi bu holatidan oʻzi ham ajablanib, beixtiyor ravishda sigaret tutatdi.

Kesakpolvonning kayfiyati buzilganini sezgan Qozi mashina eshigini ochdi-da, bir oyogʻini yerga qoʻyib «Huzuringizga borayinmi, xoʻjayin?» degan ma’noda qaradi. Kesakpolvon sigaret tutunini bir-ikki chuqur-chuqur tortgach, oxirigacha chekmay chetga uloqtirdi. Soʻng nimadandir xavotirlangan odam kabi yon-atrofga alanglab oldi-yu, mashina sari yurdi.
— Aka, bir xumorbosdi qilamizmi? — deb soʻradi Qozi mehribonlik bilan.
— Xumorbosdimi? — Kesakpolvon shunday deb yana beixtiyor ravishda choʻntagidan sigaret chiqarib, labiga qistirdi. — Sen bola, oʻpkangni bos. Xumor deydi-ya...

Qozining bu mehribonligi boloxonador «shirin soʻkish» bilan taqdirlandi. Qaysi aybi evaziga bunday oliy mukofotga erishganini anglamagan Qozi mashina motorini oʻt oldirdi-yu, «qayoqqa yuray?» deb soʻrashga botinmay, xoʻjayiniga qaradi.
— Yurmaysanmi? — dedi Kesakpolvon asabiylashib.

Qozi mashinani joyidan jildirdi-da, bomba ustida oʻtirgan odam kabi xavotirlanib, qaysi tomonga yurishi kerakligini soʻradi. Kesakpolvon javob berishdan avval yana boyagidek qoʻpoldan qoʻpol soʻkinib olib, soʻng:
— Uyga hayda, — deb amr etdi.

Shundan keyin bir necha daqiqa undan sado chiqmadi. Mashina tramvay yoʻlini kesib oʻtib uning koʻchasiga burilganda, Kesakpolvon Qoziga qarab:
— Bek akang sendan hech nima soʻramadimi? — dedi.

Kesakpolvon kecha ham shu savolni berib «yoʻq» degan javobdan qoniqmagan edi. Shu sababli Qozi «Kecha soʻrovdingiz...» degan ma’noda xojasiga bir qarab oldi.
— Nega qarayapsan? — dedi Kesakpolvon zarda bilan. — Akaxonimning miyasi achib qolibdi, kechagi gapini yana soʻrayapti, demoqchimisan?
— Xudo ursin, xoʻjayin, bunaqa gap kallamga kelmadi.
— Kallang boʻlsa keladi-da... Hali bufetda nega imlab chaqirdi?

Kesakpolvon yoʻl haqi toʻlayotganida Asadbek qahva ichish bahonasida bufetga oʻtib Qozini imlab chaqirdi. Uning Qoziga aytadigan zarur gapi yoʻq edi. Ayniqsa Xumkalladan gap ochib bularning paytavalariga qurt tushirishni istamagandi. Shunchaki «Boʻtqa bilan billalashib Zaynabning uyidan xabardor boʻlib turlaring», deb tayinlagan, gapirish chogʻida esa Kesakpolvonga oʻgʻrincha qarab olgan edi.

Asadbekning oʻzi faqat yaqin olgan odamlarigagina bir ish buyurardi. «Bek aka, buyuring», deb ilhaq turuvchi yigitlar vazifani a’yonlar orqali olishardi. Bu odatdan boxabar boʻlgan Qozi Bek akasining shaxsan oʻzidan «maxsus topshiriq» olganidan mamnun boʻldi-yu, oradan koʻp oʻtmay bu masalada xojasiga hisobot berishi lozimligini fahm etmadi. Qanchadan qancha odamning taqdirini hal etib kelgan uning aqli katta xoʻjayin bilan kichigi orasida pinhona urush ochilganini anglab yetishga qosirlik qildi. Shu sababli kattaning topshirigʻini kichigiga oqizmay-tomizmay yetkazmoq vazifasi borligini bilmay, gʻazabli nigohga duch keldi. Gʻazabli nigoh undan oʻzini oqlovchi bahona emas, aniq javob kutardi. Qassob bir oz dovdiragan holda Bek akasidan eshitgan gapni aytdi-da, «Shu ham katta aybmi?» degandek Kesakpolvonga qarab oldi.

«Kuyovi kasalxonada oʻlaman, deb yotibdi. Qizi uyda boʻlsa... Qarovsiz hovlining nimasini poylaydi?» Kesakpolvon topshiriqdan koʻzda tutilgan maqsadni anglamay:
— Shuning oʻzimi? — deb soʻradi.
— Boshqa hech nima demadilar.
— Xumkallani soʻramadimi?
— Soʻramadilar.

«Qiziq, nega soʻramadi? Gumonini haqiqatga aylanishini istasa soʻrashi shart edi. Men oʻzim vos-vos boʻlib qoldimmi? Undan bekorga xavotirlanyapmanmi? E, yoʻ-oʻq... uning koʻzlari meni aldolmaydi. Koʻziga qarab, ichida nima yonayotganini shu paytgacha bilmay yursam, gʻirt ahmoq boʻlardim. Xumkallani baribir bu boladan soʻraydi. Doʻxtirni ham tinch qoʻymaydi. Bekorga «tegmalaring», demadi. Hali sayratadi uni...»

Mashina Kesakpolvonning darvozasi qarshisida toʻxtaganida tomchilayotgan yomgʻir jalaga aylandi. Boloxonadagi yigit chaqqon tushib darvozani ochgach, Qozi mashinani ichkari haydab kirib, chap tomonga taqab toʻxtatdi. Yigit ildam yurib kelib, old eshikni ochdi. Kesakpolvonga uning bu ishi yoqmay, oʻqraydi-da, eshikni zarda bilan tortib yopdi.
— Xumkallani soʻrasa nima deysan?
— Oʻzingiz tayinlagan gapni aytaveraman-da.
— Qani, ayt-chi?
— Shu... uch-toʻrt kun oldin maishat qilganimiz, kechasi doʻxtirni yoʻqlaganimiz...
— Doʻxtir qayoqda edi?
— Buni aytmovdingiz, xoʻjayin?
— Bek akang soʻrasa ham shunaqa deysanmi, e eshak miya! Sen doʻxtirni top.
— Xoʻp, xoʻjayin.
— Qayoqda pisib yotganini uyidagilar bilar.
— Bu yogʻini qoyil qilamiz, hammasi bexit boʻladi.
— Menga qara, shu dunyoda million doʻxtir bormikin?

Qozi yelka qisdi. «Xoʻjayin, sanab chiq, desangiz sanab chiqaman, lekin hozir anigʻini bilmayman», deganday qarab turaverdi. Kesakpolvon unga boqmagan holda, oʻziga oʻzi gapirganday davom etdi:
— Million doʻxtirdan bittasi qurisa dunyo kambagʻallashib qolmas, a? Nima deysan?

Qozi xoʻjayinining maqsadini anglab ishshaydi:
— Xoʻjayin, asli hisob-kitobni toʻgʻri qilib qoʻyish kerakmikan? Doʻxtirning soni bitta koʻp ekan?
— Unaqada Bek akang kelgunicha hisobni toʻgʻri qilib qoʻy.

Kesakpolvon shunday deb eshikni ochdi-da, mashinadan tushib uy tomon yurdi. Xizmatga mahtal yigit esa qoʻllarini qovushtirganicha oʻzini chetga oldi. Qozi ham mashinadan tushib kalitni yigitga uzatdi-da, «oʻrtaga olib, yaxshilab art», deb buyurgach, boloxonaga chiqdi.

3

Mehmon kutishga moʻljallangan katta xonaning oynavand tomondagi oromkursilarni band etgan Kesakpolvonning xotini, qizi, kuyovi va xos sartarosh karta oʻyiniga shu darajada berilib ketgan edilarki, hatto eshikning ochilib-yopilganini ham sezmadilar. Kesakpolvon ostonani hatlab oʻtib, ularga bir oz qarab turdi. Qaynona bilan kuyov, Monika bilan sartarosh sherik boʻlib, bir-birlarini yengmoq qasdida qarta tashlashardi. Pastak stolning chetidagi ogʻzi ochiq konyak, billur qadahchalar ham Kesakpolvonning nazaridan chetda qolmadi. Avvaliga baqirib, soʻkib bergisi keldi. Lekin shu onda qulogʻiga kimdir «birinchi marta koʻrayotganing yoʻq-ku, buni» deb shivirlaganday tuyulib, gʻazabini yutgandek boʻldi. «Yutgandek boʻldi», demogʻimiz sababi bor: Kesakpolvon bosh koʻtargan gʻazabni noumid qaytaruvchi nomardlardan emas. Hozir ham odatiga xiyonat qilmadi. Gʻazab oʻqlarini sal qiyalatib, kuyovi tomonga otdi:
— Vey, menga qara, kuyov bola, sening uy-puying bormi, xotining bilan uyingda oʻtirsang oʻlasanmi?

Toʻsatdan yangrab, magnitofondan taralayotgan musiqa tovushini bosib ketgan bu ovozdan toʻrttovlari ham choʻchib tushishdi. Monika barmogʻida qistirigʻliq sigaretni shoshib kuldonga tashladi-da:
— Oy, papul keldi, — deb oʻrnidan turdi. Bunaqa baqirishlarga koʻnikib ketgan kuyov ham erinib, qoʻzgʻoldi. Monika tez-tez yurib kelib dargʻazab otasini quchoqladi. Kesakpolvon jahli chiqqanini yana bir karra ta’kid etmoq maqsadida qizini odatdagiday oʻpib, erkalamadi.
— Papul bugun vne nastroeniyada, — dedi Monika arazlab.
— Papanglar charchaganlar, — Kesakpolvonning xotini shunday deb unga yaqinlashdi: — Ha, adasi, tinchlikmi?

Kesakpolvon xotiniga oʻqrayib qarab, xonasi tomon yurdi.
— Hay, adajonisi, bir minutga toʻxtang, u nas novosti. Leningradda parikmaxerlarning mejdunarodniy vistavkasi boʻlayotgan ekan.
— Vistavka emas, konkurs, — deb izoh berdi sartarosh.
— Nu da, konkurs. I shu konkursga Gogik borishi kerak.
— Borsa ana katta koʻcha, qoʻlidan ushlab turganim yoʻq, — dedi Kesakpolvon mingʻirlab.
— Kak eto «katta koʻcha»? Bu prostoy konkurs emas, mejdunarodniy axir. I Gogik pobeditel boʻlishi kerak. I Monika ham borishi kerak Leningradga.
— Ha, qizing ham sartarosh boʻlib qoldimi?
— Nu zachem, adajonisi, Gogik Monikaning sochini pricheska qiladi.

Kesakpolvon «Bor-e!» deganday qoʻl siltab, xonasiga kirib ketdi. Divanga yonboshlagan chogʻida eshik ochilib, yuzini burishtirgan Monika koʻrindi.
— Papul, ketaveraymi? — dedi u ostonada turganicha.

Arazchi qizining choʻchchaygan lablariga koʻzi tushgan Kesakpolvonning qahri bir oz yumshab:
— Leningradgami? — deb soʻradi.
— Uyimga! — dedi Monika poʻpisa ohangida. — Mejdu prochem, biza koʻchada qomaganmiza. I slava bogu, uyimiz bor. Prosto silaga skuchna boʻlmasin, deb kelamiza. Endi skuchat qilsangiz oʻziyz borib koʻrasiz.
— Obbo, boʻldi, shunga ham arazmi? Oying seni garmdorining ustiga tuqqan-da, a, asalim, — Kesakpolvon turib kelib qizini yonogʻidan oʻpdi.
— Postoronniy odamni oldida prosto unijat qilib yuborasiz.
— Hazillashdim, qizim, hazillashdim. Postoronniy yoʻq-ku, bu uyda. Gogikmi? U ham oʻzimizniki hisob. Hazilimni tushunadi.
— Leningrad nima boʻladi?
— Oying bilan maslahatlash, bilganlaringni qillaring.
— Mersi, papul, — qizi shunday deb erkalanganicha uni oʻpdi-da, quvnoqlik bilan iziga qaytdi.

Kesakpolvon qizidan faqat «xoʻp» deb qutilishi mumkinligini yaxshi bilgani uchun ham tezgina taslim boʻla qoldi. Qizini birov emas, oʻzi erkalatib oʻstirdi. Bu oʻrinda «tarbiya qildi», demoq nojoiz. Chunki otadan yaxshi tarbiya koʻrgan qiz bunday boʻlmas. Kesakpolvon «Nima uchun men emas, falonchi kuchayib ketyapti?» «Nima sababdan falonchi mendan boyroq?» deb oʻzini savolga tutardi. Biroq, hech qachon «nimaga falonchining farzandi unaqayu, meniki bunaqa?» degan savolni xayoliga ham keltirmagan.

Bunaqa qarta oʻynab oʻtirishganini endi koʻribdimi, hozir kayfiyati chatoqroq boʻlgani uchungina baqirdi. Qizining sartarosh bilan Leningradga borishi ham uning uchun ahamiyatsiz bir narsa edi. Agar kayfi chogʻ paytda bu yangilikni eshitganda «Ie, zoʻr-ku, albatta borish kerak», demogʻi shubhasiz edi.

Kesakpolvon divanga choʻzilib, yotgan yerida kerishdi. U shiftdagi naqshlarga, devorga chizilgan gullarning rasmiga qarab yotishni yaxshi koʻrardi. Nomdor naqqoshni topdirib kelib ishlatishga pulni ayamagan edi. Naqqosh ayniqsa roʻparani shunday bezaganki, begona odam ming tikilsin, devor orasida poʻlat sandiq borligini ilgʻay olmaydi. Poʻlat sandiq ichida nimalar borligi faqat Kesakpolvonning oʻzigagina ma’lum. Bundagi boylik nevaralarining yeb-ichishi, oʻynab-kulishigacha yetib ortadi. Poʻlat sandiq toʻlgan, lekin koʻz toʻymaydi.

Asadbek qizi oʻgʻirlangan kezlari ma’yus ohangda «Topgan-tutganlarimiz nevara-chevaralarimizga ham yetib-ortadi. Bizga yana nima kerak?» deganida Kesakpolvonga bu gap erish tuyulgan edi. «Bizga yana nima kerak? Bu dunyoda nima deb yuribmiz oʻzi? Boy boʻlmasang birov seni odam oʻrnida koʻrmaydi. Xudo berib turganida toʻplayversang-chi! Nevara-chevarangga yetadimi-yoʻqmi, hisoblab nima qilasan? Hisoblaganing sa-yin baraka qochadi...», degan xayol bilan xojasini tentakka chiqargan edi. «Hisoblab nima qilasan», degani bilan uning oʻzi poʻlat sandiq ichidagilarni sanab turishni yoqtiradi. Sanayotganida barmoqlari yayraydi, yuragiga esa gʻalati bir quvvat oqib kirganday boʻladi. Hozir ham turib sanagisi keldi. Biroq, yon xonada odamlar borligini eslab, bu rohatbaxsh yumushni ke-yinga qoldirdi.

Devordagi gullar rasmiga tikilib yotgan chogʻida Asadbekning «Bizga yana nima kerak?» degan gapi yodiga tushdi. «Agar tirik qaytsang, nevara-chevarangga yetadigan boyliklaringni ye-eb yotaverasan. Oliftagarchilik qiluvding, mana, Xudo beraridan qisdi. Oʻlmay qaytganing ham durust oshnam, boylikning qadriga yetasan. Xongirey joningni olmasa ham taxtingni oladi. Bir paytlar choʻtalchi eding, kuning yana shunga qoladigan boʻldi...», deb oʻylab, kulimsirab qoʻydi. Keyin xayoliga qoʻqqis bir fikr keldi: «Maskovga ketgan Oʻqilon chuvalchang boʻlib qaytadi. Chuvalchangdan qoʻrqib oʻtiribmanmi?» Mazkur fikr vujudiga rohat berib, bu safar yayrab kerishdi.

Kesakpolvon devor ichiga oʻrnatilgan poʻlat sandiqdagi boyliklarni, bu uy, bu qimmatbaho jihozlarni... hamma-hammasini oʻziniki hisoblardi. «Shu boyliklarning egasiman», deb huzurlanardi. Nodon banda bu dunyodagi hech narsa uniki emasligini bilmasdi. Ha, hech nima! Hatto oʻzining gavdasi: bosh-koʻzlari, qoʻl-oyoqlari... Oʻziga tegishli emasligini fikr ham qilib koʻrmagan. Bularning barchasi vaqtincha oʻziniki, aslida esa lahad qurtlariniki ekaniga aqli yetmaydi. «Mening boyligim» degan narsa esa jon chiqib, jasad lahad qurtlariga topshirilganda asqotmaydi.

Divanda taltayib yotgan Kesakpolvon bularni oʻylamaydi. Bunday oʻy uchun miyasida boʻsh joy ham yoʻq. Bu kabi odamlarning ogʻirligi toʻrt yarim kilodan ziyod boʻlgan miyalarida loaqal zarra miqdoridagi ulush oxirat oʻyi bilan band boʻlganida edi, hayot oʻzgacha tarzda kecharmidi, vallohi a’lam?

Yoʻldagi koʻngil noxushligi tarqab, Kesakpolvonning ichgisi keldi. Javonda oʻn-oʻn besh xil ichimlik xizmatga bel bogʻlab turibdi. Lekin ulardan birini olib ichmoq uchun divandan turmoq kerak, ikki yarim qadamli uzun masofani bosib oʻtmoq zarur, qoʻlni choʻzmoq, shishani olmoq, qopqoqni ochmoq, piyolaga quymoq lozim. Kesakpolvon uchun bu yumushlar ancha mushkul tuyulib, osonroq yoʻlini topdi. Yotgan yerida:
— Hov, bu uyda tirik jon bormi?! — deb baqirdi. Ikki nafas oʻtmay qoʻshimcha qildi: — Oʻlib qoldilaringmi hammang!

Taxminan bir daqiqadan soʻng eshik ochilib, xotini koʻrindi:
— Yetib kelgunimcha chutli olamni buzib yubora-siz-a, — dedi u ostona hatlayotib.
— Lopillamay tezroq yursang oʻlasanmi? — dedi Kesakpolvon zarda bilan.
— Keldim-ku? Chut chto darrov baqirasiz. Nima, man sizga yosh kelinmanmi?
— Ha, yaxshi, qariligingni boʻyningga olding.
— Ha, qariman, vaabshe starushkaman. Xoʻp, nimaga chaqirdingiz?
— Quy, anavindan.
— Qaysi biridan?
— Erkakning xoʻrrozi «Napoleon»dan ichadi-da. Baquvvat qilib quyaver, bufetchilarga oʻxshab qoʻllaring qaltiramasin.

Xotin piyolaga toʻldirib konyak quyib, tortmadan shokolad olgach, eriga tutdi. Kesakpolvon ichib, shokoladdan tishlaganida:
— Adajonisi, bugun sal netoʻroqmisiz? Uyga kirishga uspet qilmay baqirdingiz-a?
— Baqirishim yoqmay qolgan boʻlsa, ana, javobimni berib qoʻya qol. — Kesakpolvon shunday degach, huzurlanib choʻzildi. Xotini esa oyoq tomonga omonat oʻtir-di.
— Menga qarang, chut chto «javobimni ber», deydigan boʻlib qoldiyza. Shoshilmang, qutulib qolarsizam. Avval meni olib borib koʻmib kelingda, ana, uch kundan keyin pojaluysta, uylanavering.
— Shunaqami? — Kesakpolvon zaxarli iljaydi. Xotinining jigʻiga tegish uchun oyogʻining uchi bilan yumshoq yeriga asta tepdi. — Uch kun kutadigan ahmoqmanmi men. Seni koʻmib, uyga qaytishdayoq uylanaman. Senga janoza oʻqigan mulla yarim soatdan keyin meni nikohlab qoʻyadi.

Xotin diydiyosini avjga chiqarish bahonasida ogʻiz juftladi-yu, ammo «vot chto» deganicha qoldi. Kesakpolvon uni gapirtirgani qoʻymadi:
— Boʻldi, viji-viji qilaverma. Nima deysan, dardingni ayt.
— Dard? Kakoy dard...
— Gʻingshima. Sen bekorga mingʻirlamaysan. Nima, senam Leningradga bormoqchimisan?
— Fu! — Xotin shunday deb labini burdi. — Sto raz borganman oʻsha Leningradingizga. Vaabshe menga yoqmaydi u shahar.
— Leningrad yoqmasa, ana, Yaltaga bor.
— Yaltaga? Hozir? Vы chto, adasi ustimdan kulyapsizmi?
— Ustingdan kulmay, tagingdan kulaymi? — Kesakpolvon shunday deb yana oyogʻi bilan turtdi: — Boʻpti, nima deysan?
— Mejdu prochim, Oysanamxon Yaponiyaga ketayotganmishlar.
— Oysanamxoning kim boʻldi?
— Kak kim boʻldi? Eri oʻldi-ku? Nachalnik taksoparkmidi? Nu vot, eri boʻlmasayam ketyapti Yaponiyaga.
— Senga qiyin boʻpti-da, a? Ering boʻlsayam oʻtiribsan Yaponiyaga bormay.
— Siz... izdevatsya qilmang. Vot, Poshsha opam ham yuribdilar Germaniyada mazza qilib. Birga yuborsayiz boʻlardi, har holda chujoy emasmiz-ku?
— Jinnimisan! — Kesakpolvon endi qattiqroq tepdi. — Oʻzi taklif qilmasa, «xotinimni billa olib keting», deb yalinamanmi? Borging kelib, ichaging uzilay deb turgan boʻlsa, ana, boraver.
— Unda, mayli, Germaniya podojdet. Yaponiyaga birga boraylik. Odamlar zavistdan kuyib ketsin.
— Nima? Birga boraylikmi? Endi qilmaganim Yaponiyada bir qop goʻshtni yetaklab yurishim qoluvdi.
— Nima? — Xotin Kesakpolvonning sonini chimchilamoqchi boʻldi. — Shu meshok goʻshtni, mejdu prochem, oʻzingiz yaxshi koʻrib olgansiz.
— Ha... unda doʻmboqqina eding-da. Boʻpti. Gapni qisqa qil. Yaponiyaga borasanmi, undan narigami, boraver. Boshimni qotirma!

Er-xotinning shirin suhbati yakun topganini bilgandek, yozuv stoli ustidagi telefon jiringladi. Bu xonadonda ikkita telefon boʻlib, mazkur raqam faqat yaqin odamlargagina ma’lum edi. Shu sababli Kesakpolvon oʻrnidan turib, goʻshakni oʻzi koʻtardi. Kimning-dir gaplarini eshitib, bilagidagi soatga qaradi-da «yaxshi» deb goʻshakni joyiga ildi:
— Ana, Xizrni yoʻqlasang boʻlarkan, Poshsha opang kelyapti.
— Kelinlari bilanmi yo bir oʻzlarimi?
— Buni kelganida oʻzidan soʻraysan.
— Voy, interesnosiz-a, yesli kelinlar bilan kelsalar, mayda-chuyda qilishim kerak-ku?
— Mayda-chuydangni tayyorlayver, baquvvatroq tayyorla, qoʻling qaltiramasin.

Xotini chiqdi-yu, dam oʻtmay iziga qaytdi:
— Sizni koʻchada soʻrashayotganmish, — dedi nozliroq ohangda.
— Kim ekan?
— Mejdu prochem, bir yosh xotinmish.
— Xotin boʻlsa yaxshi, — Kesakpolvon shunday deb kerishdi-da, ovoz chiqarib esnadi. — Yur, senam.
— Men nima qilaman? — dedi xotini ajablanib.
— Koʻrib qoʻy. Xotinlikka nomzodlardan bittasidir-da. Uylansam ham senga yoqadiganiga uylanaman. Yana yotgan yeringda «Voy, savil, kelib-kelib shuni oldingizmi, undan koʻra oʻzim sto raz yaxshimasmidim», deb sasib yotmagin.
— Vuy, vaabshe neterpimo boʻlib ketyapsiz, — Xotin shunday deb mushtimini qisdi-da, poʻpisa qilib, orqasiga chekindi.

Kesakpolvonni ayvonda kutib turgan yigit Xumkallaning xotini kelganini aytib baloga qoldi. Xoʻja-yini unga eshakka qanday qarindoshchiligi borligini ma’lum qilgach:
— Yoʻqlar, devormaysanmi? Qanaqa qalangʻi-qasangʻi kelsa qoʻyaverasanmi? — dedi.
— Yoʻqlar, desam, ostonaga oʻtirib oldi. «Yarim kechada kelsalar ham poylayman», deydi.

Kesakpolvon yana gʻoʻdiranib soʻkindi-da, yigitga ergashib koʻchaga chiqdi.
— Ha, singil, keling. Nima ishingiz bor menda?— dedi uni tanimaganday.
— Men... Mirodil akaning ayollariman, — dedi juvon unga najot koʻzi bilan qarab. U «Ie, ukaxonimizning ayolimisiz, tinchlikmi, nima gap?» degan shirin gap kutgan edi. Biroq boshqa ohangdagi boshqa gapni eshitdi:
— Kim? Mirodil deysizmi? Sen taniysanmi shunaqa odamni? — dedi Kesakpolvon orqasidagi yigitga oʻgirilib. — Eringiz qaerda ishlaydi?
— U kishi... sizda...
— Menda? Men taksi kooperativining xoʻjayiniman. Menda Mirodil degan bola yoʻq. Siz adashganga oʻxshaysiz, singlim.
— Siz... toʻyimizga borgansiz...
— Men kunda oʻnta toʻyga boraman. Xoʻp, nima dardingiz bor, eringizni ishga olaymi?
— Yoʻ-oʻq... adamiz besh kundan beri uyga kelmaydilar. Milisa ham surishtirib qoldi.
— Oʻh-hoʻ, singlim, milisa aralashgan ish bilan mening oldimga kelmang. Eringiz uyingizga qaytmagan boʻlsa, milisa biladi, darrov milisaga uchrang. Men eringizni tanimayman, bora qoling. Ikkinchi bu koʻchadan oʻtmang.

Ayol roʻparasidagi jonzotning odammi yoki shayton ekanini farqlab olmoqchiday unga bir oz tikilib turdi-da, soʻng asta orqasiga oʻgirildi. Kesakpolvon «qarasang qarayver, kimligimni ikki dunyoda ham bilolmaysan», degandek uning tikilishiga monelik qilmadi. Jala kuchdan qolgani bilan, yomgʻir tinmagan edi. Ayol yomgʻir tomchilarining kuztuvida yurib borardi.

Erining joni arzonga ketdi. Kunda uch-toʻrt mahal ovqat, necha oʻn yoki yuz yutum aroq, vino... vassalom. U «akaxon, xizmatingizda boʻlay», deb huzuriga kelgan edi. Aslida «muhtaram jon olgʻuvchi akaxonim, siz jonimni olingu evaziga meni boqing», desa ham boʻlaverardi...

VIII bob

1

Uyga kechroq qaytgan Zohid jiyanini koʻrdiyu yuragi qandaydir noxushlikni sezganday uvishdi. Oʻgʻlini uxlatib chiqqan Fotimaning koʻz qarashlarida ham gʻalati besaranjomlikni ilgʻaganday boʻldi. Jiyanidan «opam, pochcham, ukalaring yaxshimilar, katta hovliga oʻtib turibsanmi, buving, opoq dadang sogʻ-salomatmilar?» deb soʻragach, «Tinchlikmi?» degan soʻrogʻiga «Tinch-lik, oʻzim shunchaki bir aylanib keluvdim», degan koʻngil tashvishini bosuvchi javob kutdi. Yoshi hali oʻn beshga yetmagan oʻsmirning daladan shaharga «shunchaki aylanib kelishi» mumkinmasligini bilsa ham oʻzini shunday javob bilan ovutishni istadi. Jiyani dilga orom bera oluvchi gapni aytishga ulgurmay xotini uning umidini chippakka chiqarib qoʻya qoldi:
— Peshindan bu yogʻiga ishxonangizga ming martacha qoʻngʻiroq qilgandirman. Voy... — xotini shunday deb koʻkragiga qoʻlini qoʻydi. — Hozir yuragim yorilib ketadi.

Barcha ayollarga in’om etilgan vahima kasalidan Fotimaning ham bahramand ekani Zohidga ma’lum. Doʻkonda bir soat navbatda turib sut yetmay qolsa ham u eriga shikoyat qilib «hozir yuragi yorilib ketajagini» albatta aytadi. Bunaqa paytda Zohid «yurak ham sal narsaga yorilaverar ekan», deb kulimsirab qoʻyardi. Yurakning yorilishi haqidagi gapning ohangida hozir xavotir mavjudligi uchun Zohid kulimsiramadi. «Nima boʻldi?» deb jiyaniga qaradi. Jiyan soʻz aytishga ulgurmay Fotima u olib kelgan xabarni yanada vahimali ohangda ma’lum qildi:
— Dadamlar otdan yiqilib tushibdilar. Yelkalari singanmish.
— Qachon?

Fotima «asosiy gapni men aytdim, bu yogʻiga oʻzingiz javob beravering», deganday jiyaniga qaradi. Kelinayasining bu lutfidan foydalangan jiyan javobni hayallatmadi:
— Uch kun boʻldi... shu yakshanbada.
— Uch kun boʻldi? Endi xabar berasanlarmi?
— Ayb oʻzingizda, — dedi Fotima jiyanning yonini olib, — yakshanbada boramiz dedingiz, soʻzingizda turmadingiz. Borganimizda shu falokatning oldi olinardi. Uloq oʻlgurgayam chiqmasiydilar.

Fotimaning shu gapi dard ustiga chipqon boʻldi. Zohidning vujudini kuydira boshlagan xavotir oʻtiga alam moyi sepildiyu xotiniga beixtiyor ravishda «bir pas vaysama!» deb baqirdi. Huda-behudaga baqiraveradigan erlarning xotinlari bir vaysashga tushsalar tinishlari mushkul. Bu mushkulotni yechmoq uchun koʻpincha erning mushti ishga solinadi. Xotiniga hadeb baqiravermaydigan Zohidning «Bir pas vaysama!» deyishi Fotimaga kifoya qildi.
— Uydamilar, kasalxonadamilar? — deb soʻradi Zohid jiyanidan.
— Uydalar. Doʻxtirlar gipslab qoʻyishdi. Lekin... judayam ogʻriyotganmish. Bugun Uloqchi buva keluvdilar. Shaharda Moshtabib degan odam bor ekan. Uloqchi buvaning bellari singanda tuzatgan ekanlar. Siz oʻsha odamni topib, olib borar ekansiz.

Otasini koʻrgani hoziroq yoʻlga chiqmoqchi boʻlib turgan Zohidning shashti qaytdi. Toʻrtta non koʻtarib borishdan foyda yoʻq. Azob chekayotgan otasi tabibga muhtoj. Erining indamay qolganidan taajjublangan Fotima:
— Oʻsha odamni taniysizmi? — deb soʻradi.

Zohid javob bermay, deraza tomonda toʻshalgan koʻrpachaga borib oʻtirdi.

Moshtabib deganlarini tanishga-ku, taniydi-ya. Uni oʻylantirib qoʻygan barcha mushkulot ham ana shu tanishida edi.

2

Depara ichki ishlar boʻlimida amaliyot oʻtab yurgan kezlari boshliq oʻrinbosari chaqirtirdi-da, xonasida oʻtirgan odamni «Kapitan Temirov» deb tanishtirgach, shu nozirning ixtiyorida boʻlajagini bildirdi. Zohid vazifasi nimadan iborat ekanini yoʻlda ketayotganlarida nozirdan eshitdi:
— Eski shaharda Moshtabib degan odam yashaydi, eshitganmisiz? — deb soʻradi. Nozir Zohiddan «yoʻq», degan javobni eshitgach, afsus ma’nosida bosh chayqab gapini davom ettirdi: — Shunday mashhur odamni eshitmaganmisiz? «Moshtabib» degan nom bilan Xudo biladi, ming yillardan beri necha yuz tabib oʻtgan ekan. Otadan bolaga oʻtib kelavergan-da. Moshtabiblar Amir Temurni ham davolashgan.

Nozir keyingi gapini xuddi «Amir Temur»ni davolashayotganda oʻzim ham bor edim, podshoning oyogʻini oʻzim ushlab turganman», degan ohangda, faxr bilan aytdi.
— Ming yillardan beri odamlarga xizmat qilib kelgan moshtabiblarning ishi endigi zamonda zararli emish. Shu mahallada bir-ikki gʻalamis bor, yuqori idoralarga xat yozgani yozgan. Ular yozadi, kaltak esa mening boshimda sinadi. Yozadiganlarning bittasi doʻxtir. Oʻzim borib gaplashdim oʻsha bilan. «Baraka topgur, Moshtabib sening kasallaringni tortib olib, noningni yarimta qilayotgani yoʻq. Sen qorin doʻxtir boʻlsang, u sindi-chiqdiga qarasa, qoʻy endi», desam, «Sen feodalizm sarqitini himoya qilyapsanmi, sen ilgʻor Sovet meditsinasining naq dushmani ekansan», deb basharamga dangal aytdi. Aytsa ham mayli, keyingi xatiga meni ham tiqishtiribdi. Sal qoldi urilib ketishimga. Bitta yulduzni, — Nozir pogoniga ishora qildi, — oʻshanda kamaytirishdi. Bu qiztaloqlar pichanga bogʻlab qoʻyilgan itga oʻxshashadi. Oʻzlari ham yeyishmaydi, birovga ham bergilari kelmaydi. Xoʻja-yinlar ham qiziq, uka, men aniq bilaman, oldingi katta xoʻjayinni shu odam shifolagan. Bu odamning yaxshi tabibligini hammalari bilishadi. Lekin baribir gʻalamis xat kelsa pitirlab qolishadi. «Xat roʻyxatdan oʻtgan, chora koʻrish kerak», deb buyruq beraverishadi. Shifo topgan ular-u, shu xat orqali baloga qolgan menman. Hozir davr shunaqa boʻlib qolgan, uka, bilib qoʻying. Ana endi ikkalamiz uch-toʻrt kun koʻchada qoqqan qoziqdek oʻtiramiz. Oʻtgan-ketganlar ichlarida soʻkadilarmi, har holda nima deyishsa deyishar. Basharamizga tupurib oʻtishmagani uchun doʻppimizni osmonga otsak ham arzir. Uka, siz shu sohani tanlabsiz, bilib qoʻying: mana shunaqa ishlar milisani odamlar koʻziga balo qilib koʻrsatib qoʻyadi. Shu jamiyatning ishlariga ham qoyil qolmayman ba’zida.
— Qoyil qolmasangiz ham shu jamiyatga xizmat qilyapsiz-ku? — Zohid shunday deyishga dedi-yu, notanish, sinalmagan odamning xafa boʻlishi yoki achchiqlanishi mumkinligini hisobga olmaganini fahmlab, unga xavotir bilan qarab qoʻydi. Baxtiga nozir ranjimadi, achchiqlanmadi ham, aksincha, yengil «uf» tortdi-da:
— Tirikchilik shu boʻlganidan keyin har qanaqa xizmatni qilaveramiz-da, — dedi. — Aslida men bu kasbni ishqiboz boʻlib tanlamaganman. Harbiydan qayt-ganimda komsomol yuborgan. Oʻqiy desam, uquvim yoʻq edi, biror hunarga ham qiziqmabman. Sizning yoʻrigʻigiz boshqa. Oʻzingiz yaxshi koʻrib, oʻqib kelyapsiz. Sizga oʻxshaganlar koʻpaysa mendaqalarga non qolmaydi.

Hali uylanmagan gʻoʻr yigitga hasratini aytib borayotgan nozirning taqdiri yurib borayotganlari eski shaharning eski koʻchalari kabi edi. Jin koʻchalarning joni yoʻq — hademay buzilib, oʻrinlarida yangi yoʻl tushajagidan xavotirlanishmaydi. Nozirning taqdiri nochorroq...

Jin koʻchalardan oʻtib borayotgan Zohid oʻz taqdiriga oid bir masalani kashf etdi: oʻqishni tamomlagach, shunchaki boʻsh bir oʻringa kelmaydi. Balki xizmatni «tirikchilikda» deb hisoblovchi aynan shu odam oʻrniga ham kelishi mumkin. Shunda tirikchilik tashvishi bilan yurgan yana bir boshqa odam unga ola qaramaydimi? Bora-bora Zohidning oʻzi ham oʻzgarmaydimi? «Adolat uchun kurashaman!» degan shiorini tirikchilik libosi boʻgʻib tashlamaydimi? Vaqti kelib oʻrnini yosh yigitga boʻshatayotganida uni qanday his chulgʻaydi: «Xudoga shukr, adolatga yetishdim», deydimi yo shu odam kabi «tirikchilik ekan-da, uka», deb xoʻrsinadimi? Yoki «yana uch yilgina boʻshatmay turishsa uyning chalasini bitkazib olib, oʻgʻlimning toʻyini ham oʻtkazib, qutular-dim-a», deb afsuslanarmikin?

Bozordan oʻtib, tramvay saroyining orqa tomonidagi koʻchaga burilishganida nozir Temirov:
— Shu muyulishga kapa tikib oʻtiramiz. Chapdan ikkinchi eshik Moshtabibniki, — dedi.
— Uylariga kirmaymizmi? — deb soʻradi Zohid.
— Nima qilamiz kirib? — Nozir ajablanib Zohidga qaradi.
— «Tabiblikni yigʻishtiring», deyishimiz kerakmi? Vazifamiz shunaqami?
— Vazifa-ku, shu. Lekin kirmaymiz. Eng muhimi — shu yerda qoqqan qoziqdek turishimiz kerak. Xat yozgan gʻalamislar formali odamlarni koʻrishlari shart. «Xatim inobatga olinibdi» deb quvonishsin. Besh-oʻn kun tinchib oʻtirishadi. Xoʻjayinlar ham «chora koʻrildi» deb hisob berishadi. Keyingi xat yozilib, kerakli joyga borib tushguncha biz ham dam olvolamiz.

Shu paytda ular yaqinidan yashil «Jiguli» oʻtib, tabibning eshigi roʻparasida toʻxtadi. Mashinaning old oʻrindigʻidan tushgan yigit orqa eshikni ochib, yoshi oʻtgan ayolga yelkasini tutdi. Ayol yigitga suyanganicha, chap oyogʻini bosolmagani sababli, hakkalab yurib ichkari kirdi.
— Siz bilan men hozir borib shularni orqaga qaytarishimiz kerak. Borasizmi? — Nozir shunday deb savol nazari bilan qaradi. Zohid bu savol zamirida sinov borligini fahmlab, «oʻzingiz bilasiz» degan ma’noda yelka qisib qoʻydi. Dam oʻtmay, haligi ayol yigitga suyanmagan, hakkalamagan holda chiqib keldi. Chap oyogʻini sal ehtiyotlab bosayotgani hisobga olinmaganda hozirgi majruh ayol shu, deyilsa birov ishonmas edi. Zohid ajablanib:
— Boʻldimi? — deb soʻradi.
— Boʻldi, — dedi kapitan Temirov mamnun ohangda. Uning yorishgan chehrasini koʻrgan Zohid «Xuddi oʻzi davolab, qoyil qilganday quvonadi-ya!» deb oʻyladi.
— Oyogʻi chiqqan ekan-da, — dedi nozir tabobat sirlarini yaxshi biluvchi odamning ohangida. — Singan boʻlganida to joyiga solib bogʻlaguncha uch-toʻrt daqiqa vaqt ketardi. Endi xohlasangiz borib surishtiring: bergan boʻlsa bir soʻm, juda boyvachchaligi tutgan boʻlsa uch soʻm bergandir. Gʻalamislar aslida shunisiga chidasholmaydi. Tabib boyib ketyapti, deb oʻylab ichlarini it tatalaydi. Siz bir soʻm bilan boyib ketgan tabibni koʻrganmisiz? Men ham koʻrmaganman. Odamning joni ogʻrib turganida koʻziga pul koʻrinmaydi. «Mana, ming soʻmni olingu tuzating», deydi. Ogʻriq toʻxtagach, ming soʻmni ataganini unutib, «qoʻl haqi» deb bir soʻmgina tashlaydi. Shunda ham mardlari tashlaydi oʻsha soʻmni. Bir tanga tashlab ketadiganlarni oʻzim koʻrganman. Gʻalamislarga shuni aytsam ishonishmaydi. Ularning nazarida bu xonadonga bosh urib kelgan odam borki bir-ikki mingdan tashlaydi.
— Belgilab qoʻygan narxlari yoʻqmi?
— Qanaqa narx? — Nozir shunday deb unga «esing joyidami, uka?» deganday qarab qoldi.
— Chiqqanni solishga buncha, singanga muncha, — deb izoh berdi Zohid.
— E, — Temirov hafsalasi pir boʻlib qoʻl silta-di. — Ba’zi bir xil doʻxtirlarda boʻladi bunaqa gaplar. Tabib berganni oladi. Doʻxturga oʻxshab mingʻirlamaydi, aksincha, shifo tilab duo qiladi.

Zohid bu yerda kun boʻyi kelib-ketuvchilarning sanogʻiga yetmay qoldi. Kuniga shuncha odam mayib boʻladi, deyilsa ishonmasligi tayin edi. Agar boshqa dahalarda ham tabiblar mavjudligi, doʻxtirxonalarga ham murojaat etuvchilar soni hisobga olinsa, odamning hayrat toʻriga oʻralib qolishi tayin.

Kapitan Temirov moshtabiblarning tarixi, ta’rifu tavsifini oʻzi bilgani qadarli aytib tugatgach, «Endi uka, mening bir zarur ishim bor, rov boramanu rov kelaman», deb ketdi. «Rov borib-kelishi»ni Zohid uzogʻi bilan yarim soatli muddat deb oʻylab yanglishgan edi. Kun tikkaga kelib, tashnalikka qoʻshilgan ochlik zabtiga olganda ham Temirovdan darak boʻlmadi. Shunda Zohid bu koʻchada behuda poyloqchilik qilaverib bezgan nozirning ahvolini tushundi. Ochlik, tashnalikka ham chidash mumkin edi-ku, biroq oʻtgan-ketganlarning nazarlariga toqat qilish qiyin kechdi. Kun peshindan oqqan mahalda kapitan qogʻoz xaltada somsa, shishada ma’danli suv keltirdi. Zohid taomlanish uchun ham bu koʻchani tark etmoqqa haqqi yoʻqligini bilib, ortiqcha savol bermadi.
— Toʻxtatmay olavering, men qozonboshida toʻydim,— dedi Temirov shishaning tunuka qopqogʻini ochib.

Kapitan olib kelgan somsaning nomi koʻp edi. Ayrimlar loʻnda qilib «quloq-burun-boʻgʻiz» deb somsaning nimalardan tayyorlanganini ta’kidlashsa, ba’zilar piching ohangida ulugʻlab «dumba-jigar» der, birovlar esa kulki ohangida «itlarning quvonchi» deb ta’rif qilar, boshqalari oddiygina «toʻrt tiyinlik» deb qoʻya qolishardi. Zohid bugungi ahvoliga qiyosan som-saning quvonchga taalluqli ta’rifi toʻgʻriroq, degan toʻxtamga kelib, taqdiriga tan berganicha nozirning «ziyofati»dan bahramand boʻldi...

Oʻsha kuni bemorlarni kuzatib chiqqan Moshtabib ular tomon qarab-qarab qoʻydi-yu, e’tibor bermaganday ichkari kirib ketaverdi.

Otasining otdan yiqilib yelkasi singani haqidagi noxush xabardan gangigan Zohidning tashvishi Moshtabibni topib, qishloqqa olib borish topshirigʻini eshitgach, oʻn karra oshdi. Ixcham choʻqqi soqolli, koʻk duxoba doʻppi kiygan, qotma, sergʻayrat Moshtabibning qiyofasi koʻz oldiga kelib, vujudi holsizlandi. Nazarida Moshtabib «Ha, oʻzing ham kelarkansan-ku», deganday boʻldi. Fotimaning «Shunaqa odam bormi, eshitganmisiz?» degan savoli uni ezuvchi xotiralar oqimidan qutqardi. Fotima erining «ha», degan ma’noda bosh irgʻab qoʻyishiga qanoat qilmay, savolini yana qaytardi:
— Taniyman, — dedi Zohid istamaygina. — Ertalab uchrashib koʻraman. Uzoqqa borish-bormasligini bilmayman.
— Borgisi kelmasa indamay orqangizga qaytmasdan, prokurorligingizni ayting-da.
— Prokurorning boshida shoxi bormi?

Mingʻirlab aytilgan bu gapga javoban Fotima bir nima deyishga ogʻiz juftladi-yu, erining avzoyini koʻrib, oqila ayolning ishini qildi — tilini tiya qoldi. Ammo «Menga nima, azob chekayotgan oʻzingizning otangiz-ku» degan ma’noda labini burib qoʻyishdan ti-yila olmadi.

Zohid jiyaniga «Sen ketaver, men tabibga uchrab keyin oʻtaman» deb uni kuzatib qoʻygach, yoshlik yillaridan noxush xotira boʻlib qolgan oʻsha eski shaharning eski koʻchasiga bordi. Poyloqchilik qilgan muyulishdan oʻtayotganida beixtiyor toʻxtadi. Oqlab qoʻyilgan kesak devor nazarida uning holidan kulganday tuyulib, oyoqlaridan quvvat ketganday boʻldi. Bemorni kuzatib chiqqan Moshtabibning xushchaqchaq ovozini eshitmaganda yurmogʻi qiyin edi. Ikki eshik orasidagi yoʻl Zohid uchun gʻoyat uzun tuyuldi. Moshtabibning ichkariga kirib ketmay kutib turishi ham Zohidga dalda berdi. Moshtabib uning salomiga alik olgach, jilmaygan holda:
— Keling birodar, xizmat? — deb soʻradi.
— Dadam otdan yiqilibdilar. Vaqtingiz bemalol boʻlsa olib ketsam devdim.
— Olib ketmaysizu, birga borib kelamiz, — dedi Moshtabib kulib.— Men qiblagohimga aytib chiqay.
— Ungacha mashina topib kelaman.
— Topib nima qilasiz? Mana moshina, — dedi Moshtabib eshik yaqinidagi koʻk «Jiguli»ni koʻrsatib. Zohid bu mashinani birorta bemorniki deb oʻylagan edi. Moshtabibning darrovgina koʻnishi uning aqlini shoshirgan boʻlsa, bu marhamati yanada lol qoldirdi. U soʻz aytishga ulgurmay Moshtabib ichkari kirib ketib, dam oʻtmay qoʻlida quticha ushlaganicha qaytdi.

Loy koʻchalardan oʻtishayotganda Zohid bir oz xijolat boʻlganicha:
— Uzr aka, boradigan joyimizni aytmovdim, sal uzoqroq, — dedi.
— Uzoq deysizmi? Xirotda emasdir? — dedi tabib kulib.

Uning xushchaqchaq tabiati Zohidni tuni bilan qiynagan uyatli holatdan qaytardi. Uyqusiz tunda moshtabibga uchrashishning bir necha shaklini moʻljal qilgan edi. Oxiri «Boramanu toʻgʻrisini aytaman, olti-etti yil avval koʻchangizda poyloqchilik qilgan milisa men boʻlaman. Lekin sizga yomonligim yoʻq edi», demoqqa qaror qilgandi. Biroq, Moshtabibning «keling birodar» deyishi bu xom qarorini yoʻqqa chiqardi. Yoʻlda ketaturib oʻsha poyloqchilik voqeasini tilga olib uzr soʻramoqqa taraddudlandi, ammo bunga ham jur’ati yetmadi. «Uzr soʻraydigan odam boshiga tashvish tushgunicha olti-etti yil kutarmidi», deb oʻzini oʻzi koyidi.

Moshtabib Zohidni turli xayollar qiynayotganini sezganday oʻzi gap boshlab qoldi:
— Birodar, yoʻlimiz uzoq ekan, jim ketishni jinim yoqtirmaydi. Xoʻp desangiz, men sizga bir nima aytib beraman.
— Yaxshi boʻlardi, — dedi Zohid, soʻng uzrli ohangda qoʻshib qoʻydi: — Men asli gapga noʻnoqroqman.
— Gapga noʻnoqmasdirsiz. Hozir adangizning ahvollarini oʻylab, tashvishlanyapsiz. Odam tashvishlanganida tiliga gap kelmaydi. Endi eshiting: Fariduddin Attor hazratlarida rivoyat bor: emishki, mamlakatda odam roppa-rosa oʻn yil podsho boʻlarkan. Oʻninchi yilning soʻnggi kuni adogʻiga yetgach, podshoni taxtdan tushirib, qayiqqa oʻtkazisharkan-da kimsasiz orolga olib borib, qip-yalangʻoch holida tashlab kelisharkan. Shu rivoyatni eshitganmisiz?
— Yoʻq, — dedi Zohid aybdor odam ohangida.
— Unda diqqat bilan eshiting: bunaqa ibratli rivoyatlarni qadimgi maktablarda oʻqitishgan ekan, hozirgilar bilishmaydi. Mening baxtim chopib, bir aqlli odamdan saboq olganman. Boʻlmasa kamina ham omiligicha qolardi. Xullas, navbatdagi odam podsho boʻlib taxtga oʻtirgach, yum-yum yigʻlarmish. Vaziri ajablanib: «Shohim, nega qaygʻurasiz?» deb soʻrabdi. «Nega yigʻlamay, axir mening ham qismatim salaflarim kabidir. Oʻn yil oʻtgach, meni ham kimsasiz orolga qoʻyib keladilar. Oʻn yillik kayfu safo evaziga azob-uqubat chekaman. Oqibatda ilon-chayonlarga yem boʻlaman.» debdi. Shohning baxtiga vaziri dono ekan. U debdiki: «Ey, zukko shohim, hamonki shunga aqlingiz yetibdi, endi bir ish qiling: oʻzingizni behuda kayfu safodan ti-yingda buning evaziga oʻsha kimsasiz orolni obod etishga kirishing. Daraxt eking, bogʻ qiling. Shunda sizni azob emas, rohat kutajak». Bu maslahat podshohga ma’qul kelibdi. Rivoyatga tushundingizmi?
— Ha, — dedi Zohid.
— Yoʻq, hali toʻla tushunmadingiz, — dedi Moshtabib unga qarab olib. — Bu rivoyatning asl mazmuni ruhga taalluqli, juda chuqur. Attor hazratim aytmoqchilarki, har bir odam oʻziga oʻzi podshohdir. Rumiy hazratlarida zoʻr bir falsafa bor: «Kishi tushida oʻzini shoh sifatida koʻrsa, atrofidagi odamlarning parvona boʻlishiga qarab turib: «hukmdor menman, mendan oʻzga podshoh yoʻq», deydi. Biroq, uygʻonib, uyida bir oʻzini koʻrgach «Bu — menman va mendan boshqa hech kim yoʻq», deydi. Bu — haqiqat. Haqiqatni koʻrmoq uchun esa bedor koʻz kerak. Uyquli koʻz koʻrmaydi». Zoʻr gap-a!

Zohid «Ha» dedi-yu, unga ajablangan odam koʻzlari bilan qaradi: «bu tabibmi yo olimmi?» deb oʻyladi. Undagi oʻzgarishni sezgan Moshtabib esa yoʻldan koʻz uzmay gapini davom ettirdi:
— Xullas, podshoh — har bir odamning oʻzi. Vazir — odamning vijdoni. Odam belgilangan muddatini yashab boʻlgach, uni qayiqqa oʻtqazadilar. Qayiq — tobut degani. Tobutning odamlar yelkasida qalqib borishi dengiz toʻlqinlaridagi qayiqqa oʻxshaydi, toʻgʻrimi? Kimsasiz orolga yalangʻoch holda tashlab kelish — lahadga joylash degani. Buni oxirat oroli desak ham boʻladi. Bu oxirat oroli kishining hayotligi chogʻidagi yaxshi, savob ishlari bilan obod boʻlar. Vijdon aytyaptiki, «ey inson, hadeb maishatga berilavermay, odamlarga yaxshilik ham qil, shunda boqiy dunyoda seni shu xayrli amallaring kutib oladi. Oʻzingga boshpana, hamroh boʻladi. «Rivoyatning asl magʻziga koʻra, birodar, bugungi ishimiz bilan siz oʻz oxiratingiz oroliga bir xayrli nihol ekdingiz. Solih farzandning ota-onasi uchun qilgan har bir xayrli ishi oxiratini obod qiladi.

Bu gapni eshitib Zohid boshini egdi. Moshtabibga bir qarab olgisi keldi-yu, botinmadi. «Solih farzand... — deb oʻyladi, — otasi toʻrt kundan beri azob chekib yotibdi. Bu solih farzand esa endi ketyapti...»

Zohid hamrohining maqtovini hazm qila olmadi — oʻzini solih farzandlar qatoriga qoʻshmoqqa haqsiz hisobladi. Ayni shu choqda yana bir narsani kashf etdi: avvallari har shanba qishlogʻiga borib, yakshanba oqshomida shaharga qaytish odat tusiga kirgan edi. Keyinroq ikki haftada, soʻngroq oyda bir yoʻqlanadigan boʻldi. «Adolat uchun kurash»dagi ishlari gʻoyat koʻpayib ketgan oʻgʻillarining vaqti yoʻqligini anglagan ota-onalarining oʻzlari kelib turishdi.

Zohidni bemehrlikda ayblash nooʻrin. «Vaqti yoʻq», deb avaylash ham joiz emas. Yaratgan egam bandasiga kunu tun hisobidan yigirma toʻrt soat vaqt berib qoʻyibdi. Aql bilan, tadbir bilan ish yuritilsa har qanday yumush uchun vaqt topmoq mumkin. «Vaqtim yoʻq», demoqlik noshudlarning bayrogʻiga oʻchmas boʻyoqlar bilan yozilgan bir shiordir. Shunday boʻlsa-da, Zohidni noshudlikda ayblamoq ham insofsizlikdir. Uning bu sohadagi kamchiligini balki e’tiborsizlikdan deb hisoblash durustdir. Shu e’tiborsizlik oqibatida qaysi bir yumush birinchi, qaysinisi ikkinchi... oʻninchi darajali ekanini farqlamay qoladi. Buni xastalik desak, bu kasallik bilan ogʻrigan birgina Zohid emas. Zohidning-ku ota-onasi qishloqda yashaydi. Borib-kelish uchun kamida yarim kun fursat kerak. Ota-onasi bilan bir hovlida yashaydiganlarga ham ana shu xastalik ilashgan boʻlsa nima deysiz? Ertalab yarim soatli uyqudan voz kechib bozorchaga chiqadigan, ikkitagina issiq nonu qaymoq olib kelib ota-onasi bilan nonushta qiladiganlar koʻpmi? Balki shoshib turib, chala-chulpa yuvinib, choyini apil-tapil ichib «oyi, men ketdim, kech qolyapman!» deb ota-onasining duosini kutishga ham toqat qilmay chiqib ketadiganlar koʻproqdir? Yoki ishdan kelib, tayyor taomni yeb, soʻng choʻzilib yotib televizor tomosha qiladigan yoki koʻchaga chiqib qoʻshnilari bilan yarim tunga qadar nardi tashlaydiganlar ozmikin? «Bolam bilan bir ozgina gaplashay», degan ilinjdagi ota-onani oʻylamaydiganlar yoʻqmi? Ayni shu kun, ayni shu soatda ota-onasi bilan soʻng-gi uchrashuv boʻlishi mumkinligini koʻpchilik oʻylamaydi...

...Ertaga barvaqt ham turar, bozorchaga chiqib qaymoq ham olib kelar... unda shu qaymoqni totib koʻruvchi mehribonlari bu dunyoda boʻlmaydi...

...Ertaga «Oyijon, duo qiling, xizmatimga eson-omon borib kelayin, Tangri meni yarlaqasin!» degisi kelar, ammo duogoʻy bu damda boqiy dunyoda boʻladi.

...Ertaga ishdan qaytgach, suhbatlashib oʻtirgisi kelar, biroq uning gaplarini jon qulogʻi bilan tinglovchi, yutugʻidan mamnun boʻluvchi, omadsizligidan tashvishlanuvchi mehr egalarining koʻzu quloqlariga tuproq toʻkilgan boʻladi...

Oradan yillar oʻtar, umr oʻtar, ota-onasining yoshiga yetar, choyini chala-chulpa ichib ishga shoshilayotgan farzandi izidan moʻltillab ham qolar...

Yoʻq, Zohid bu toifadan emas. Qishlogʻiga borganida koʻchaga kam chiqadi. Akasi oʻldirilganidan soʻng bu yerdagilar bilan bordi-keldi qilishni istamay qolgan. Barchadan baravar nafratlanmasa ham, koʻchaga chiqqanida yo qotillarning oʻziga, yo doʻstiga yoki qarindoshiga duch kelib gʻazabi qoʻzgʻaydi. Shu sababli ham to-morqadan chiqmaslikka harakat qiladi.

Oʻzini bemehr farzandlar qatoriga qoʻshmaydigan Zohid Moshtabibning hozirgi gapidan soʻng oʻzini ayni shu toifada koʻrib, ezildi. Ogʻir gunohini boʻyniga olgan tavbagoʻy singari siniq ovozda:
— Dadamning yiqilganlariga toʻrt kun boʻlibdi... Men kecha eshitdim... — dedi.

Tabib Zohidning nima demoqchi ekanini angla- di-yu, unga bir qarab olib tasalli berdi:
— Toʻrt kundan keyin bilsangiz nima boʻpti? Bunga siz aybdor emassiz. Otalar tabiatan shunaqa boʻlishadi. Farzandlarini ayashadi. Oʻzlari azob chekishsa ham bolalarini bezovta qilgilari kelmaydi. Hozir borib eshitasiz: qiblagohingiz «oʻgʻlimizga xabar beraylik», deganlar. Adangiz esa qaysarlik bilan «Qoʻy, uni ovora qilma, ancha tuzukman, hozir», deb unamaganlar. Toʻrt kun shu mashmasha bilan oʻtgan. Sizga xabar yuborilganini adangiz bilmasalar ham kerak. Hozir borsangiz «Qaerdan eshitding?» deb hayron boʻladilar.

Tabib shunday deb kuldi.

«Ha, mening dadam shunaqalar, — deb oʻyladi Zohid.— Moʻ’minlikni ba’zan haddan oshirib yuboradilar.»

Zohidni yaxshi taniydiganlar «otasiga oʻxshagan moʻ’min-qobil bola», deydilar. Zohid bu ta’rifni inkor etmaydi. Ba’zan hazillashib «yuvoshligim dadamdan, jahlim chiqqanida ayamga oʻxshab qolaman», derdi. Chindan ham ayasi dadasiga nisbatan gapga chechanroq, qoʻpolroq tarzda aytilsa, betga choparroq edi. Inson-ga doir fazilatu kam-koʻstlar ulashilganida dadasi yuvoshlikdan moʻlgina bahramand boʻlib, qaysarlik, sharttakilik kabi odatlarni peshtaxta ustida unutib qoldirganu ayasi esa «Erimga taalluqli bu «fazilat»larni uvol qilmayin», deb oʻziga qoʻshib ola qolgan edi. Zohidning kichik singlisi tugʻilgan damlarda qoʻshni «hovlingizni uzunasiga boʻlingu menga soting. Puliga bolalaringizni katta qilib olasiz», deb avrasa, dadasi koʻnibdi. Hovli oʻrtasiga qoziq qoqilayotganda gap nimada ekanini bilib qolgan ayasi noroziligini «qorning teshilgur boy» degan lutf bilan boshlagach, qoqilgan qoziqlar ham joyida qolaverdi. Ayasi oʻsha kuni zahrining hammasini qoʻshnisiga sochmadi. Eriga ham ozgina olib qoldi. Xotinining odatini yaxshi bilgan er zahar kosasi boʻshagunicha toqat qildi, oxiridagi javobi esa juda qisqa boʻldi: «Yer talashma, xotin, bitta odamga ikki quloch yer yetarli». Zohid bu gapning ma’nosini ulgʻayganida angladi.

Tabib toʻgʻri aytadi: dadasi uni avaylaydi. Zohid otasining bu odatini bilar, «faqat mening dadamgina mehribonlar» deb ham oʻylardi. «Deyarli barcha ota-ona farzandiga shu qadar mehribon, mana, hatto koʻzingizga ajalning oʻqiday koʻrinuvchi Asadbek ham farzandlarining taqdiridan qaygʻurib Moskvada yuribdi», deb koʻringchi, siz bilan murosa qila olarmikin?

Bir oz jim yurishgach, tabib undan:
— Ota-onangizga qarab hech «uf» deganmisiz? — deb soʻrab qoldi.

Zohid kutilmagan bu savoldan ajablandi:
— Ochigʻini aytsam... esimda yoʻq, — dedi ikkilangan tarzda.
— Ha, esimizda boʻlmaydi, — dedi tabib jiddiy ohangda. Bir gaplari yoki buyurgan ishlari yoqmay «uf» deb qoʻyamiz ba’zida. Ota-onasining oʻlimini kutadiganlar oldida bu arzirli narsa emasga oʻxshaydi. Qariganda odam injiq boʻlib qoladi. Bir kuni sogʻ boʻlsa, uch kuni bemorlikda oʻtadi. Hatto hozirgina ovqat yegani, qorni toʻqligi ham yodidan koʻtarilib «ochman» deb noliydi. Aqlsiz farzandlar shunisiga chidasholmaydi. Aqlsiz deganimning sababi: qari ota-onaga yaxshimi-yomon qarash — Ollohning ulugʻ bir sinovi. Balki eshitgandirsiz, rivoyatga koʻra bir odam qari otasidan bezib, qopga solibdi-da, «dashtu biyobonga tashlab kelaman», deb yoʻlga otlanibdi. Charchab, dam olishga toʻxtaganda qop ichidagi otasi nuqul kularmish. «Ota, men sizni boʻrilarga yem qilish uchun olib ketyapman, nega kulyapsiz?» deb soʻrabdi oʻgʻil. Shunda otasi «Menam otamni qopga solib olib ketayotganimda ayni shu yerda toʻxtab, dam olgan edim, oʻgʻlim», debdi. Rivoyatning qisqaligini qarangu chuqur ma’nosiga e’tibor bering.
— Ha, — dedi Zohid, — Rivoyat emas, haqiqatga yaqin gapga oʻxshaydi. Bolaligimda ayam shunga oʻxshagan choʻpchak aytib berardilar. Bir oilada qari otaga yaxshi qarashmas ekan. Oʻzlari chinni kosalarda taom ichishsa qari otaga eski, yogʻoch kosada ovqat berisharkan. Bir kuni kichkina oʻgʻiltoy yogʻoch oʻyayotganmish. «Nima qilyapsan?» deb soʻrashsa, bola «sizlarga kosa oʻyyapman, qariganinglarda shu kosada sizlarga ovqat beraman», deb javob bergan ekan.
— Yaxshi, yaxshi, buni eshitmagan ekanman, — dedi tabib.
— Ayam buni koʻp marta aytganlar. Oʻshanda boshqa choʻpchakni bilmas ekanlar, deb oʻylabman.
— Ayangiz dono ekanlar. Bu haqiqatni miyangizga singdirganlar. Ota-onaga bemehr farzanddan Olloh ham rozi boʻlmaydi. — Tabib gapining davomida arab tilida nimadir dedi. Keyin Zohidga bir qarab oldi: — Tushunmagandirsiz? Men Qur’oni karimdan oyatlar oʻqidim. Olloh taborak va taolo aytyaptiki: «Robbing faqat uning oʻzigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilmogʻingni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga «uff» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi soʻz ayt. Ikovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt». — Tabib «shularni bilarmidingiz?» degan ma’noda Zohidga qarab oldi.

Koʻp qatori Zohid ham Tangrining kalomlarida nimalar bayon etilganini bilmas edi. Uning nazarida bu ilohiy kitobdagi satrlar inson ongi qabul qila olmaydigan, fahm etolmaydigan, faqat ayrim zukko odamlargina tushunishi mumkin boʻlgan darajada murakkab edi. U Qur’onni biluvchi odamning suhbatidan bahramand boʻlmagani sababli ham adash fikrda yurardi. Bolaligida bobosi «qani, doʻngpeshonalar, beri kellaring-chi», deb chorlab aytib beruvchi rivoyatlar, nasihatlar oʻzining gaplarimidi yo Qur’on oyatlarimi yoki hadisi shariflardan misolmidi — Zohid u paytlarda farqlay olmasdi. Yoshi ulgʻaygach esa, bularni farqlab olishga harakat ham qilmadi. Oʻzicha adolat uchun kurashaman, adolat alambardori boʻlaman, deb umid qildi-yu, haq yoʻli bu tomonda ekanidan xabarsiz qolaverdi. Botirovni tergov qilayotganida uning uchun qo-rongʻu boʻlmish bu yoʻl boshida bir uchqun koʻrindi-yu, ammo yoritishga qurbi yetmadi. Zohid «Qur’on — moʻ’minlar uchun nasihat, kofirlar uchun hasrat», degan oyati karimani avvalroq eshitganda bu muqaddas kitobga boʻlgan munosabatining oʻzgarishi shubhasiz edi.

Talabalik yillari yotoqxonasida Sasha Klimovich degan yon qoʻshnisi boʻlardi. Huquqqa doir har qanday kitobni tahlil qilib, kutilmagan xulosa chiqarishga usta boʻlgan bu yigit palovni, tandirda yopilgan piyozli nonni yaxshi koʻrardi. Zohid yakshanba oqshomida qishlogʻidan qaytishi bilan Klimovich hech bir taklifsiz, manziratsiz kirib kelib, qorni toʻyguniga qadar mehmon boʻlardi. Zohidga uning mantiqli suhbatlari yoqardi. Mehmondorchilik soʻngida Klimovich oʻzicha duo qilgandek boʻlib «Xudo bizga sogʻliqni bersa bas, qolganini sotib olaveramiz», deb kulardi. Bu odatini hech tark etmasdi.

Bir yakshanbada Klimovichdan darak boʻlmagach, Zohid ajablanib uning eshigini taqillatdi. «Marhamat, eshik ochiq», degan taklifni eshitgach, ichkari kirdi. Yozuv stoliga muk tushgan Klimovich qalin kitobdan nimanidir koʻchirardi. U yozayotgan satrini oxiriga yetkazgach, bosh koʻtarib qaradi-yu, sal ajablangan ravishda jilmaydi.
— Ie, keldingmi? Vaqt oʻtganini sezmay qolibman. Qara, qanday kitob topdim. Qur’on! Sablukov tarjimasida!

Zohid Sablukovning nomini ham, uning tarjimasidagi qur’on ma’nolari kitobini ham endi eshi-tayotganini yashirish uchun «Zoʻr-ku», deb qoʻya qoldi.
— Zoʻrki, u yoq bu yogʻi yoʻq. Bu kitobning chiqqaniga yuz yil boʻlgan. Qur’onning ruschaga tarjima qilingan boshqa nusxalari ham bor. Ammo Sablukovniki eng zoʻri hisoblanadi. Oʻzbekchasi bormi?

Zohid bu savoldan dovdirab, yelka qisib qoʻya qoldi.
— Men oʻzbekchasi borligini eshitmaganman. Nega tarjima qilishmaydi, a? Qiziq! Dunyodagi hamma tillarga tarjima qilingan-ku? Otamning kutubxonasida nemis, ingliz nusxalarini ham koʻrganman.
— Oʻqiyapsanmi yo koʻchiryapsanmi? — deb soʻradi Zohid qalin daftarga ishora qilib.
— Oʻqib chiqdim. Endi koʻchiryapman. Koʻchirib yozganda esda yaxshiroq qoladi. «Tavrot» bilan «Injil»ni koʻchirib boʻlganman. Ha, nimaga ogʻzingni ochib turibsan? Bu ishim senga yoqmadi shekilli? Klimovich ahmoq emas, bu ishni bekorga qilmaydi. Sen bilan men ateistmiz. Xudoni tan olmaymiz. Bu kitoblar ilohiy emas, odam ongining mahsuli deymiz. Xoʻp, bu masalalarda Klimovich bahslashmaydi. Biroq, bir narsaga aniq javob talab qiladi: dunyo odamlari Tavrotga uch ming, Injilga ikki ming, Qur’onga bir ming toʻrt yuz yildan beri yashamoqning asosiy qonuni sifatida amal qilib kelyaptilar. Sen bilan men ertaga odamlarning taqdirini hal qilamiz. Ular faqat bizning qonunlarimiz asosida yashamaydilar. Demak, biz bularni bilishimiz kerak. — Klimovich falsafasining Zohidga ta’sir etmayotganini sezdi-yu, gapni bura qoldi: — Palov olib keldingmi? Klimovich ham odam, vaqti-vaqti bilan ovqatlanib turishi shart.

Klimovich ilmiy ishga ragʻbat bildirib, oʻqishni aspiranturada davom ettirdi. Zohid kissavurlarning iziga tushib, ovloqlarda ularning yoʻlini poylab tong ottirgan kezlari Klimovich ilm bilan band boʻldi. Uch yilga qolmay nomzodlik dissertatsiyasini yoqladiyu Isroilga otlandi. Har qalay indamasdan ketmadi. Palov, piyozli non bilan siylab turgan qoʻshnisini qidirib keldi. «Har bir ongli inson oʻzining tarixiy Vatanida yashashi kerak». Klimovich bu qonunga amal qiladi, — deb qalin daftar tutqazdi. — Esingdami, Sablukovning tarjimasini koʻchirgan edim. Bu senga, esdalik. Sen buni oʻqi, tushunib oʻqi. Klimovich oʻqib zarar koʻrmadi.

Shunday deb xayrlashdi. Zohid Odessada tugʻilgan, yoshlik yillari Oʻzbekistonda oʻtgan doʻstining tarixiy Vatani qaer ekanini undan xat olganidan keyin bildi.

Zohid oʻsha kezlari daftarni varaqlab bir-ikki bet oʻqigan boʻldi-yu, bitxat bilan bitilgan sahifalarga koʻz tashlashga toqati yetmadi. Daftarni oʻqilmay yotgan kitoblari ustiga qoʻyganicha qayta qoʻl urmadi.

Hozir tabibdan barcha uchun aniq, tushunarli boʻlgan oyati karimani eshitib, oʻsha daftarni esladi. «Oʻqib qoʻysam boʻlarkan», deb oʻziga dashnom berdi.
— Bu oyati karimani faqat siz uchun aytmadim, — dedi tabib yoʻldan koʻz uzmay. — Koʻp joylarda koʻp takrorlayman. Hammamiz bandamiz. Unutib qoʻyish illatimiz bor. Unutib qoʻymaslik uchun takrorlab turishimiz joiz.

Tabib bu izohi bilan Zohidning ruhiyatidagi ogʻir yukni yengillatdi. Bir oz yurishgach, Zohid suhbatni davom ettirish maqsadida:
— Tabib aka, hali oxirat oroli haqida gapirganingizda «daraxt ekdingiz» deb birlikda aytdingiz. «Daraxt ekmadikmi»? Sizning ishingiz ham xayirli-ku?

Moshtabib kulib, unga bir qarab oldi:
— Toʻgʻri, lekin ishim xayrlilik martabasiga yetib, oxirat orolida xayrli nihol boʻlib koʻkarishi uchun adangiz avval shifo topishlari kerak. Men tuzatuvchi emasman. Shifo beruvchi — Olloh. Agar Olloh iroda qilgan boʻlsa, men bir sababchiman. Eng muhimi — mening xizmatimdan sizlar rozi boʻlsalaringiz nihol amal oladi. Boʻlmasa yoʻq.

Tabib yanglishmagan edi. Zohid uyga kirib kelishi bilan otasi «ie, sen qaerdan eshitding?» deb ajablandi.

Otasi xona toʻridagi qalin toʻshak ustida oʻtirardi. Yotishga qiynalgani uchun devor tomonga ustma-ust qoʻyilgan yostiqlarga suyanib olgan edi. Bu holati ham joniga orom bera olmayotgani sababli bezovta ravishda tez-tez qimirlab qoʻyardi. Uning roʻparasida derazaga orqa qilib oʻtirgan ota qadrdon — Uloqchi buva joyidan jilmay, qoʻl uzatib koʻrishdi. Zohid uni «ota qadrdon», deb bilsa-da, u odam bu martabaga qanoat qilmay, «Men buvang bilan ham samovorxonada oshxoʻrlik qilganman», deb «buva qadrdon»lik darajasini talab qilardi. Gapu muomalasi ham shunga yarasha edi. Otasining «Sen qaerdan eshitding?» degan savoliga Uloqchi buva javob qaytardi:
— Oʻgʻlingga men odam yuboruvdim. Milisa boʻlsa, idorasida milisa. Bu yerda senga oʻgʻil, boshqa gap yoʻq. Oʻgʻil boʻlganidan keyin oʻgʻilligini qilsin. Uch-toʻrt kun ishga bormasa dunyoni oʻgʻri bosib ketmaydi. Oʻgʻri jonivorlar ham bahonada dam olvolishadi. Hov milisa, yana ikki barmogʻingni burningga tiqib kelaverdingmi?

Zohid bu dashnomdan izza chekib, javob bera olmadi. Yoʻldagi bozorchaga yaqinlashganda tabibdan «bir pas toʻxtang, men non-pon olvolay» demoqchi boʻldi-da, «iltimosim malol kelib, peshonasi tirishmasin, hali jiyanni chiqararman», degan fikrda oʻtib kelavergan edi.

Uloqchi buva ayni damda uni buning uchun gʻadablamagandi. Zohid oʻzini oqlash maqsadida gap izlayotganida, uni bu ogʻir yumishdan qutqarib, niyatini ochiq ayta qoldi:
— Men sening afti-angoringga zor boʻlib chaqirtirmadim. Jiyaning borib nima dedi? «Moshtabibni topib kelarkansiz» demadimi?

Bu poʻpisadan soʻng Zohid sal yengil tortdi. Biroq, xijolatlikdan butkul qutilmagan tarzda tabibga qaradi. Qoʻl qovushtirib turgan tabib «izza chekmang, shunaqasi ham boʻlib turadi», degan ma’noda kulimsirab qoʻydi.
— Uloqchi buva, oʻtirsak maylimi? — dedi Zohid ham iltimos, ham kinoya ohangida.
— Oʻtirib nima qilasan? Sen izingga qaytib, Moshtabibni yerning tagidan boʻlsa ham topib kel. Boshqa gap yoʻq. Qara, otang azob chekyapti. Sen tomosha qilib oʻtirganing bilan yengillab qolmaydi.

Zohid bolaligida «amaki» deganida samovorxonada buvasi bilan oshxoʻrlik qilgan bu odam «buva» deyishni talab qilgan edi. Hozir Zohid shu talabga amal qilgan holda:
— Buvajon, — dedi mehribon nabira ovozi bilan,— men sizning gapingizni hech ikki qilganmanmi? Moshtabib keldilar.
— Qani? — Uloqchi buva orqasiga oʻgirilib, deraza osha hovliga qaradi.
— Taqsir, xizmatingizdamiz, — dedi Moshtabib kulimsiragan holda.
— Senmisan? — Uloqchi buva unga tikilib qaragach, bosh chayqadi. — Senlar borib Moshtabibni koʻrmagan boshqa odamni laqillatlaring. Moshtabib mening singan belimni joyiga solib qoʻygan. Men uni koʻz-larimni yumib turib ham taniyman. Sening oting nima?
— Abdujabbor, taqsir.
— Ha, ana, oting ham boshqacha. Moshtabibning oti... — Uloqchi buva bir oz oʻylandi. — Zokir qori edi.
— Sal adashdingizmikin, Sobir qori emasmidi?
— Ha, ha! Sobir qori! Taniysanmi uni?
— U zot mening dadamlar.
— Yoʻgʻ-e, — Uloqchi buva unga yana tikildi. — Ha, oʻxshaysan. Qani otang, nega oʻzi kelmadi?
— Taqsir... dadamiz dunyodan oʻtganlar.
— Ie, shunaqami? Sen tuzukroq oʻrganib qolganmisan ishqilib?

Uloqchi buvaning bu gaplaridan Zohid xijolat boʻldi. Tabib esa malol olmay javob berdi:
— Xudo yuqtirgan darajada, taqsir.
— Unda qarab qoʻy, choyni keyin ichaverasan.
— Xoʻp boʻladi, taqsir.
— Hoy, sen buncha meni «taqsir»lab qolding. Men senga mulla emasman. Taqsir dema. Men chavandozman!

Tabib koʻksiga qoʻlini qoʻyib «xoʻp» ishorasini qildi-da, bemorga yaqinlashdi. Zohid uning tirsakka qoʻl yuborganini koʻrdi-yu, nima qilganini sezmay qoldi. Qulogʻiga «qirs» etgan ovoz urilib, seskandi. Otasi bir «oh» deb qoʻydi. Tabib «Yana buyuring, taqsir» deganday Uloqchi buvaga qaradi:
— Nima boʻldi? — dedi Uloqchi buva.
— Tirsaklari ham chiqqan ekan, solib qoʻydim.
— Boʻldimi?
— Yoʻq, boʻlmadi.
— Yana nima qilish kerak?
— Gips notoʻgʻri solinibdi, — Tabib shunday deb bemorga oʻgirilib soʻradi: — Qoʻltiqlaringiz tortib ogʻriyaptimi?

Bemor tasdiq ishorasini qilgach, tabib Zohidga «nima qilamiz?» degan ma’noda qaradi.
— Doʻxtirga olib borib aytish kerak. Rentgen qogʻozga yaxshiroq qarasin.
— Moshtabibning oʻgʻli boʻlsang oʻzing tuzatasan, boshqa gap yoʻq. Gips qoʻyishni bilmaydigan doʻxtiringga boshqa bormaydi.
— Agar rozilik bersangiz urinib koʻraman.

Oʻzga chora boʻlmagach, nima qilishsin? Gips olingach, tabibning barmoqlari yelkani silab borib bir nuqtani qattiqroq bosdi. Bemor ingrab yuborgach, Uloqchi buva choʻkkalab olib, tabibning harakatlarini diqqat bilan kuzatdi. Zohid buyurilgan narsalarni keltirgach, tabib Uloqchi buvaga yuzlandi:
— Endi menga koʻmaklashib yuboradilar. Sogʻ yelkalarini mahkam ushlab turadilar. — Uloqchi buva tabibning amriga boʻysunib, unga yaqinlashgach, Moshtabib bir bogʻlam dokani oldi: — Amaki, shuni mahkam tishlang. Ozgina ogʻriq boʻladi, chidaysiz.
— Baqirmasin, deb tishlatyapsanmi? Qoʻy buningni, oshnam chidamli bola, uncha-buncha dard baqirtirolmaydi. Otang ham menga doka tishlatmagan.

Bu aralashuv tabibga yoqmay, qoshlari chimirildi. «Buningiz qanaqa odam oʻzi?» deganday Zohidga qarab oldi. Izoh berishni yoqtirmasa ham yoqimsiz yordamchisini tinchitish uchun:
— Bexosdan tilni tishlab olishlari mumkin, — deb qoʻydi-da, ishga kirishdi. Tabib chaqqon harakatlari bilan bir necha nafasda muolajani yakuniga yetkazgan boʻlsa-da, otasining azoblanayotganini koʻrib turgan Zohid uchun bu fursat juda uzoq tuyuldi. Yelka bogʻlab boʻlingach, tabib bemorning peshonasidagi terni artdi-da, koʻz qorachigʻiga tikildi. Soʻng yana qilinajak ishlarni Zohidga tayinlab, qutichadagi malhamni bergach, qaytishga chogʻlandi.
— Otangga balli, qoʻling yengil ekan, oshnamning koʻzlarini moshdek ochib qoʻyding. Endi biz bilan bir piyola choy ich. Boshqa gap yoʻq, — dedi Uloqchi buva amr ohangida.

Moshtabib uyda onasi betob ekanini, xastalar kelib kutayotgan boʻlishi mumkinligini bu odamga aytishning foydasizligini anglagani uchun «bir piyola choy ichishga» oʻtirdi. Uloqchi buva esa choy qaytarayotgan Zohidga qarab:
— Menga qara, milisa bola, — dedi, — sen menga bir narsani tushuntirib ber: uch-toʻrt yil burun raisimizni paxtadan oʻgʻirlik qilgan, deb qamovdilaring.
— Men qamamaganman, adashmang, buva, — dedi Zohid, tabibga choy uzata turib.
— Sen boʻlmasang, oshnalaring qamashgan. Lekin toʻgʻri qamovdilaring, oʻgʻriligi bor edi. Endi zamon oʻzgarib, chiqaribsanlar. Endi... nima endi... — Uloqchi buva oʻylandi, — Ivanovmidi? Yana bittasi kim edi?
— Gdlyanmi? — dedi Zohid.
— Ha, oʻsha. Xullasi, endi oʻshalar muttaham ekan. Qaysi biri toʻgʻri?
— Hamma narsaning oxiri toʻgʻri boʻladi-da.
— Sen milisa, meni laqillatma. Haligi Eshim akang bor-ku, maktabingga direktor boʻlgan, oʻshanga aytsam, «Siz raisning boyligini koʻrolmaysiz», deydi zangʻar. Meni bilasan-a, «oqmasa ham soy yaxshi, boqmasa ham boy yaxshi», deydigan odamman. Mana, Abdujabbor, sen ayt: otang qori edi, a? Senga ham yuqtirgandir bu ilmdan? Bu qizigʻarlarning hammasi boy boʻlaman, deb intiladi. Shu raisimiz qamoqdan chiqib tinch yurarmidi? Burniga suv kirgan deb oʻylaysanmi? Be, u yana amalini qaytarib olishga urinadi. Ha, bosh-qa gap yoʻq! Endi sen gapir-chi, Abdujabbor.

Tabib unga darrov javob qilgisi kelmadimi, choydagi shamaning ohista suzishini kuzatganday tikilib turdi.
— Odamning bu dunyoda boy boʻlishi qiyinmas, — dedi u oʻychan tarzda. — Boyning u dunyodagi javobi mushkul. Kambagʻaldan qay darajada sabr qilgani, qanchalar shukrona aytgani soʻralarkan. Boy esa bunga qoʻshimcha ravishda qanday topgani, nimaga sarf etgani, zakotni toʻla bergan yo bermaganligidan soʻralarkan.

Uloqchi buva bu gapdan ta’sirlanib «ana!» deb xitob qildi-da, tizzasiga bir shapati tushirib «gapiraver, qorining oʻgʻli!» deganday unga yanada qattiqroq tikildi. Moshtabib shoshayotgan boʻlsa ham bularga bir nima deb qoʻyishga ehtiyoj sezdi:
— Tariximizda ulugʻ donolar koʻp ibratli gaplarni aytib ketishgan. Shulardan biri deydiki, aqlli odam oʻziga nisbatan talabchan boʻladi-yu, boshqalardan hech nima istamaydi. U oʻzining taqdiridan hamisha rozi, hech mahal nolimaydi. Oʻzining qismati uchun boshqalarni ayblamaydi. Taqdiriga tan berib xokisor boʻlib yashayveradi. Nodon esa dunyo ne’matlariga berilib, jonini xatarga qoʻyadi. Agar oʻq nishonga tegmasa, aqlli mergan boshqani emas, oʻzini ayblar ekan. Donishmand ham shunday boʻlarkan.

Uloqchi buva endi boshini quyi egganicha sehrli ashula eshitayotganday tebrandi. Moshtabibga uning bu holati ta’sir etib gapini davom etdi:
— Ikkinchi donishmand deydiki, biron bir ayol erishgan javohiri tufayli yaxshiroq boʻlib qolgan, deb oʻylaysizmi? Holbuki, qanchadan qancha ayol jav-harga yetmoq yoʻlida buzildi ekan, baxtsiz boʻlib qoldi ekan? Qaysi bir erkak tilla toʻla sandiqqa yetishib yaxshiroq boʻlibdi? Sandiqlarni toʻlatish yoʻlida qilingan zulm miqdorini kim oʻlchaydi ekan?

Bu hikmatlarni jon qulogʻi bilan tinglayotgan Uloqchi buva hissiyotlari tizginini qoʻyib yubora qoldi:
— Qoyilman, ota oʻgʻil! Naq otangning oʻzi boʻlibsan, boshqa gap yoʻq! — deb xitob qilgach, Moshtabib qaytishga izn soʻradi. Mastavaga guruch solingani haqi-dagi xushxabar kirganiga qaramay ahdida qattiq tu-rib olgach, noiloj ruxsat berishdi. Zohid qolarini ham, ketishini ham bilmay Uloqchi buvaga qaragan edi, u:
— Sening ishing bitdi, ketaver, bu yogʻiga biz bormiz, — deb mushkulni oson etdi.

Qishloqdan chiqaverishda Moshtabib Zohidga qarab olib:
— Bir gap aytaymi? — dedi-da, Zohid tomonidan ijozat boʻlishini kutmayoq gapini davom ettirdi: — Siz bugun ikki marta xijolat chekdingiz. Birinchi- si — siz menga roʻpara boʻlishdan uyaldingiz. Olti-etti yil avval koʻchamizda turganlaringiz esingizga tushib ketdi.

Zohid bu gapni eshitib, unga yalt etib qaradi:
— Taniganmidingiz?
— Boʻlmasam-chi! Bir hafta uyimizni poylaysizu tanimaymanmi? Siz bu ishdan uyalmang, birodar. Milisa sherigingiz menga aytgan. Oʻshanda talaba ekansiz, a? Omma-lekin, — tabib rohatlanib kuldi: — toʻrt tiyinlikka rosa toʻydirganmidi?
— Buni ham koʻruvdingizmi?
— Koʻrgandaki... Nega faqat toʻrt tiyinlik somsa bilan siyladi, bilasizmi? Yoʻq, bilmaysiz. U insof yuzasidan shunday qilardi. Insof deganimki, u shu atrofga oʻzini xoʻjayin deb bilib sotilayotgan narsalardan tekinga olaverardi. Yigirma tiyinlik tandir somsadan olsa gunohim koʻpayadi, deb qoʻrqib arzonini shilaverardi.
— Men u kishini oʻshandan keyin koʻrmadim.
— U milisadan ketgan. Hozir maktabda qorovullik qiladi. Endi ikkinchi xijolatingizni aytaymi? Adangizning birodarlari sal shaldir-shuldirroq ekan. «Tabibning jahli chiqadi», deb oʻyladingizmi? Be, biz bundan battarlariga ham duch kelamiz. Lekin ochiq chehramizni oʻzgartirmaymiz. Bemorning huzurida peshonamizni tirishtirsak yarashmaydi. Siz bunaqa narsalardan emas, adolatsiz bir ish qilishdan xijolat boʻling. Birovning koʻnglini nojoiz ogʻritib qoʻyishdan uyaling. Faqat aqlli odamgina oʻzining noma’qul ishidan uyalishi mumkin. Ahmoq odamda uyat boʻlmaydi. Balki uyati boʻlmagani uchun ahmoqdir, a? Nima deysiz?

Toʻgʻri gapga Zohid nima derdi? Tabibning gapini tasdiq etgach, koʻpdan beri javobini topolmayotgan bir savolni berdi:
— Tabib aka, koʻp odam adolatdan gapiradi. Mana, siz ham tilga olyapsiz. Nazarimda adolatli boʻlish dam juda ogʻir, dam juda yengil ishga oʻxshab koʻrinadi. Adolatsiz boʻlish osonmi yoki adolatli boʻlish qiyinmi? Meningcha adolat bilan adolatsizlik oʻrtasida juda katta maydon emas, kichkinagina ariqcha bor. Adolat sohilidan noinsoflik qirgʻogʻiga sakrab oʻtish osonga oʻxshaydi. Nega shunaqa? Dindan yaxshi xabaringiz bor ekan, shuning uchun sizdan soʻrayapman bu savolni: Xudo odamlarning hammasini bir xilda adolatli, bir xilda mehr-muhabbatli qilib yaratsa boʻlmasmidi?
— Olloh taborak va taolo lozim topmabdiki, shunday qilmabdi. Xoʻsh, nega endi lozim topmabdi ekan?
— Shuni soʻrayapman-da, — dedi Zohid, undan bama’ni javob kutib.
— Bu dunyo qanday dunyo, bilasizmi?
— Oʻtkinchimi? Shoirlar foniy dunyo deyishadi-ku?
— Shoirlarning gapi emas bu. Asli oʻzi shunday. Lekin foniyligini bir haqiqat desak, ikkinchi haqiqati — bu dunyo sinov dunyosi. Hazrat Rumiyda bir bayt bor, aytaymi?
— Ayting.
— Rumiy hazrat debdilarki:

«Har kase ki dur mond az asli xesh,

Boz joʻyad roʻzgʻori vasli xesh.»

Moshtabib baytni maroq bilan oʻqib, rohatlandi. Yoʻldan koʻzlarini uzib, Zohidga tezgina qarab olgach, gapini davom ettirdi:
— Buning ma’nosi: «har kishiki oʻzining aslidan uzoq qolsa, oʻsha oʻtgan tirikchilik vaslini takror istaydi.» Bu sizga oddiy gap boʻlib tuyulmayaptimi?

Tabib gapga berilib mashinani sekinlatganini oʻzi ham sezmadi. Orqadagilar asabiylashib signal chala boshlashgach, roʻparasidagi koʻzgu orqali ularga qarab kulimsirab qoʻydi-da, mashinani oʻngroqqa olib:
— Oʻta qoling, birodar, shoshayotganga oʻxshaysiz. Ishqilib yoʻlingiz bexatar boʻlsin, — dedi. Soʻng fikrini davom ettirdi: — Rumiy hazratlarining har bir soʻzlari javhardir. Javharni olish uchun dengizning tub-tubiga shoʻngʻish kerak, sadafni topish kerak, ochish kerak. Hozir eshitganingizni ulamolar bunday izohlashadi: «Bashar farzandining asli nima? Asli albatta, ruhoniy olami. Dunyo esa imtihon sahnasi. Ba’zilar inson vaqtincha qoladigan bir mahbas, ya’ni zindon ham deydilar. Demak, mahbas va zavol mahali hisoblangan bu dunyoda bir kimsaning oʻz shahri-vatanidan ayrilib, hijron va gʻurbatga giriftor boʻlgach, oʻz kindik qoni toʻkilgan tuproqni orzu etishi aniq narsadir. Bu degani, aqlli odam asl vatani — ruhoniyat olamini orzu qiladi. Aqlli odam dunyoda vaqtinchalik qolish uchun amr etilganini, va’da qilingan ajal kelguniga qadar zaruriyatda yashayotganini biladi. Bilsa, demak, umrini yaxshilik bilan oʻtkazishga intiladi. Mavlononing baytlaridagi ma’no javhari shu. Tushundingizmi?
— Sal-pal.
— Hozircha shu «sal-pal» ham yetarli. Aslida odamga bu dunyoda koʻp narsa kerakmas. Hozir uyingizda mastava pishgandir, — tabib shunday deb kulimsiradi. — Boylarning uyida ham peshinga taom tayyorlanyapti. Boyning qorni ham, kambagʻalniki ham bir xil. Odam uchun kunda bir mahal ovqat, bir sidra kiyim yetarli. Qolgani — bekor. Hazrat Usmondan rivoyat qilinishicha, rasulliloh «dunyoga ahamiyat — qalbdagi zulmat; oxiratga ahamiyat — qalbdagi nurdir», degan ekanlar. Siz bilan bizga yana debdilarki: «Zamon kelur va oʻshanda ummatlarim beshta narsani yaxshi koʻrib, beshta narsani unutar: ya’nikim, dunyoga muhabbat qoʻyadilar va oxiratni unutadilar; hayotni sevib, oʻlimni esdan chiqaradilar; qasrlarni yaxshi koʻradilar, qabrni unutadilar; molga muhabbat qoʻyib, hisob-kitobni yoddan chiqaradilar; xalqni yaxshi koʻradilar va Xoliqni unutadilar.»

Moshtabib «Bu hikmatlarning ma’nosini qalbingizga singdirib olishingiz uchun fursat beraman», deganday soʻzdan toʻxtadi. Bu sukut Zohidga asqotdi. U ayrim izdihomlarda, ba’zan yoshi ulugʻlarning suhbatlarida shunga oʻxshash hikmatlarni eshitib qolar, biroq, «Yaxshi gap ekan», demoqlikdan nariga oʻtmasdi. Keyingi yillarda matbuotda tez-tez chiqa boshlagan diniy mavzudagi suhbatlarning asosan sarlavhalariga koʻz tashlab, kam hollarda u yer-bu yeridan choʻqilab oʻqib qoʻyardi. Moshtabibning hozirgi suhbati qorongʻulik pardasidagi qalbiga xush yoquvchi nur kabi oqib kirdi. Tasavvur etingkim, zulmat ogʻushida tentirab yurgan odamning roʻparasida birdaniga oydin yoʻl koʻrinsa-yu, yana shu yoʻldan javhar topib olsa dunyo koʻzlariga qanday huzurbaxsh, qanday sururli koʻrinarkin? Zohid ayni damda shunday baxtiyor odam kabi edi. Kechagina bu odamga roʻpara kelish unga azobli yumush boʻlib tuyulgan edi. Odam farzandlari moddiy boylikni, xususan yemoq-ichmoqqa doir ne’matlarni Yaratganning marhamati sifatida qabul qilib, shukronalar aytadilar. Ma’nolar xazinasini ochib bera oluvchi suhbatdan bahramand boʻlish ham Tangrining moʻ’jizasi ekani, shu moʻ’jiza tufayli qalb muhrlari yechilmogʻi amr etilgani, Yaratganning bu rahmati barchaga ham nasib etavermasligini oʻylab koʻrmaydilar.

Adolat bogʻini topib, unga inson nihollarini ekib koʻkartirish, mehr mevalaridan bahra olish umidida yashayotgan Zohid akasining oʻlimidan soʻng shu bogʻni topish maqsadida necha-necha qorongʻi koʻchalarga kirib chiqdi. «Hammani bir xilda adolatli qilib yaratib qoʻya qolsa boʻlmasmidi», degan xayolga borib Tangrining ishlariga ham aralashib koʻrdi. Adolat bogʻiga yetib bormoq uchun avval zulm sahrosini bartaraf etmoq lozimligini durust idrok qilolmasdi. Holbuki uning kundalik yumushi shu sahro atrofida edi. Ilon ovlovchi sahrodagi ilonlarni tutib ado etolmagani kabi Zohidning ishlarida ham samara koʻrinmadi. Chunki u va u kabi adolat bogʻini qoʻmsayotganlar zulm sahrosidagilarning jon tomirlarini koʻrmas, aniqrogʻi koʻrishga imkoniyat berilmas edi. Gʻofillikdan qutqaruvchi tanbehlardan bebahra boʻlganliklari sababli ham bu sahro atrofida sarsari kezmoqdan boshqa ilojlari yoʻq edi.

Zohid koʻp ilmiy nazariyalar, ilmiy tahminlar, formulalarni bilardi. Ammo hayotning oddiy formulasidan yetarli darajada xabardor emasdi: adolat bogʻi yoʻlini toʻsib turuvchi zulm sahrosiga zulmat qalblar hukmron ekani uning uchun noma’lum edi. Moshtabib hozir aytgan hikmatlar unga shu haqiqatni ayon etdi. «Odamlar qalbidagi boylikka muhabbat hissini oʻldirmay turib, adolat bogʻini barpo etib boʻlmaydi», degan fikr uning vujudini bir qalqitib oldi.

Akasining oʻlimidan, ayniqsa sud jarayonidan soʻng uni ilm yoʻlidan burib yuborishga majbur etgan kuch, yoshlikka xos oʻjarlik, hatto sururga intilish yil oʻtgani sayin, hayot soʻqmoqlarida qoqila boshlaganidan soʻng asta-asta kuchdan qola boshlagan edi.

Bir suhbatning oʻzidayoq oʻsha surur mahv etildi, deb ishontirish nodonlik boʻlar. Yoshlikning mevasi — maqsad va unga mayoq hisoblanmish sururning oʻzga koʻrinish olishiga hali fursat bor. «Oʻzga koʻrinish olishiga» deyiluvi besabab emas: insonlardagi maqsad yoki surur oʻlib, butunlay yoʻq boʻlib ketmaydi. Maqsadsiz, surursiz tirik jonni tasavvur etmoq mushkul. Maqsad ham, surur ham odamning ongi darajasiga qarab kuchli yoki mundayroq, xayrli yoki gʻayirli boʻlmogʻi tabiiydir. Odamdagi maqsad daraxti zulm sahrosida oʻsayotgan boʻlsa undan nurli sururni kutmoq qoramoydan sut ayirib olmoqni umid qilish kabi bema’nilikdir. Ayrim daraxtlarning tepa shoxlari qurib, pastda yangi surxchalar oʻsa boshlagani singari maqsad va surur yangi koʻrinish kasb etadi. Zohidning taqdirida bu oʻzgarish ham bor edi.

3

Uloqchi buva ijozat bersa-da, Zohid tabibni kuzatgach, qishloqqa qaytmoqchi edi. Ikki-uch kunga ijozat soʻramoq niyatida idorasiga borib, yuqoridan Said Qodirov yoʻqlatganini eshitdi-yu, shashtidan qaytdi. «Bir gʻalvaga roʻpara qilmasa edi», degan xayolda tash-qariga chiqqanida mashinasidan tushib kelayotgan rahbariga duch keldi.
— Ahvol qalay, Shokarimovning ishi boʻlyapti- mi? — deb soʻradi rahbar koʻrisha turib, soʻng amr ohangida ilova qildi: — Tezlating, azizim, tez- lating. Hozir yana eslatishdi. Buguncha eslatishdi, ertaga tanbeh berishadi, indinga poʻstagimizni qoqi-shadi.

Rahbar shunday degach, Zohidning izohini kutmayoq idoraga kirib ketdi. «Dadam otdan yiqilibdilar, ruxsat bering», deb soʻrashiga hojat ham qolmadi.

Shamolning izgʻirinli nafasidan eti junjikib, qoʻnishib oldi.

Deraza qiya ochib qoʻyilgani uchun Said Qodirovning xonasi salqin edi. Xona sohibi oʻrnidan turib Zohid bilan soʻrashgach, derazani yopdi-da, «Yana shamollatib qoʻymay», deb jilmaydi. Keyin qaynatgichni toʻkka ular ekan: «Sogʻintirib qoʻydingiz-ku?» dedi.
— Yuribmiz, davlatingiz soyasida, — dedi Zohid kinoyasiz ohangda.
— Soyada yurganingiz yaxshi. Sillangiz qurimaydi. Bir qahva ichib olamiz-a?
— Aqlni peshlaymizmi?

Said Qodirov «istehzo qilyaptimi?» degan ma’noda Zohidga qaradi. Bu qarashga javoban Zohid jilmaydi. Kinoya qilishga undovchi asabiy holatdan holi, gapi ohangi ham samimiy edi. Shu bois Said Qodirov kulib, payrovni davom ettirayotgan askiyachi kabi javob qildi:
— Mening ustozim hech mahal yanglishmagan: qahva aqlni peshlaydi, deganmi, demak, peshlaydi. Qizdirilgan poʻlat suvga solinsa toblanadi-ku, toʻgʻrimi?
— Gʻirt toʻgʻri. Lekin qahva ichmaganlarning aqli...
— Endi bu yogʻiga oʻtmang, — dedi Said Qodirov, ikki piyolaga bir qoshiqdan qahva kukuni solar ekan.— Yangiliklardan gapiring. Mahmud Ehsonovni eshitgandirsiz?
— Eshitdim.
— Xoʻsh?

Zohid xona sohibining qarashidagi quvlik soyasini ilgʻab, oʻzini anqovlik pardasi ortiga olib, dedi:
— Avariya boʻlganmishmi? Kimdir aytuvdi, turklar «aroba qazosi» deyishar ekan. Aroba qazosida qazo qilibdi, bechora. Umri shunaqa qisqa ekan-da.
— Sizga bu qazo gʻalati tuyulmadimi?
— Nimasi gʻalati? Kunda boʻlmasa ham kun oralab, kun oralab boʻlmasa ham haftadami, oydami bir boʻlib turibdi-ku, bunaqa qazo?
— Har holda Asadbekning odamlari haftada bir oʻlmayotgandir? — Said Qodirov shunday deb qaynatgichni toʻkdan uzib, shaqillab qaynab turgan suvdan piyolalarga quydi-da, birini Zohidga uzatdi: — Qantni oʻzingiz soling.

Qahva ichib olinguncha ikkovlari ham bir-birlaridan soʻz oʻqlari kutganday indamasdan oʻtirishdi. Qahvasini birinchi boʻlib ichib tugatgan Said Qodirov piyolasini stol chetiga qoʻyib, quvlik qarashiga xiyonat qilmagan tarzda mehmonga tikildi:
— Durust, — dedi u. — Ancha oʻzgaribsiz... Yaxshi tomonga oʻzgaribsiz. Shunaqa befarqlik ham ba’zan kasbimizda husn sanaladi. Lekin... oʻsha qazoning ertasiga ham befarq qolaverganingizda yanada yaxshi edi. Tergovchiga uchrashishingiz hojatsiz edi.
— Men atay bormadim. Tergovchini tasodifan koʻchada uchratdim, — dedi Zohid qahvaning soʻnggi qultumini yutib.

Zohid fojiani eshitgach, oʻsha koʻchaga borgan edi. Aslida bu ishga aralashish, surishtirish niyati yoʻq edi. Mashinalarning toʻqnash joylarini koʻcha xaritasiga belgilayotgan tergovchi bilan ikki ogʻizgina gaplashgandi. Tergovchi Zohidni tanimagani uchun shunchaki qiziqayotgan yoʻlovchilardan deb bilib, savoliga qisqa ravishda, toʻnglik bilan javob qilgan edi. Tergovchi ishini tugatib, yordamchilari bilan ketganidan soʻng ham Zohid atrofni koʻzdan kechirish maqsadida qolgan edi. Xayoli mashinalarning harakati bilan band Zohid sal narida bir juft koʻzning ta’qib qilayotganidan bexabar edi. Asadbekning topshirigʻiga koʻra surishtirishga kelgan Halimjon Zohidning ketishini kutib turgan, soʻng Said Qodirovga qoʻngʻiroq qilib ogoh etgan edi. Bundan bexabar Zohid «oʻsha tergovchi tanigan ekan-da, darrov xabar yetkazibdi-da», deb oʻyladi.
— Bu bir tasodifiy fojia, militsiyaning oʻzi shugʻullanaversin, — dedi Said Qodirov ma’nodor ohang-da.
— Shunaqa tasodiflar tez-tez boʻlib tursa, bir-birlarini yeb ado qiladilar. Bizga ham yaxshi, boshimiz ogʻrimaydi, — dedi Zohid.
— Ularga achinmaysizmi? — Said Qodirovning bu savolidan Zohid taajjublandi.
— Achinmaysizmi? Nega achinishim kerak?
— Har holda ular ham odam. Bola-chaqalari yetim qolgan, axir.
— Ular birovlarning shoʻrini quritishganda achinishganmikin?
— Demak... achinmaysiz?
— Bilmadim... balki yetim qolgan bolalariga achinarman.
— Bolalari ham otalarining ishlarini davom ettirishsa-chi?
— Davom ettirishsa... noiloj, otalari borgan joyga borishadi-da.
— Qahringiz qattiq ekan.
— Bu hayotning qonuniyati. Qahrimning qattiq yo yumshoqligiga bogʻliq narsa emas. Siz «achinmaysizmi?» deb soʻradingiz, a? Toʻgʻri, kim boʻlsa-boʻlsin, oʻlgandan keyin achinishimiz kerakka oʻxshaydi. Lekin men bunga boshqacharoq munosabatdaman. Oʻlim — haq, shundaymi? Odam bugunmi yo ertami baribir omonatini topshiradi. Men odamning QAChON emas, QANDAY oʻlganiga qarab achinish tarafdoriman. Hayvonday umr kechirib, hayvonday oʻlim topgan odam achinishimizga arzimaydi. Aksincha, yaxshi odamning vafotidan koʻnglimiz ogʻriydi. «Yana yashasa boʻlardi», deymiz.
— Oʻsha yomon odam yana ozgina yashasa yaxshi tomonga oʻzgarar balki?
— Men bunaqasini koʻrmadim.
— Men ham koʻrmadim... hozircha. Xoʻp, Ehsonovga achinmabsiz, Shokarimovga-chi?
— Shokarimovgami? — Zohid «bundan ham xabarlari bor ekan-da, a?» degan ma’noda hamsuhbatiga qarab oldi-da, uch-toʻrt nafas sukut saqlagach, javob ber- di: — Yoʻq, mutlaqo achinmayman. Yana «nima uchun?» deb soʻrarsiz?
— Soʻrasam ham boʻladi. Istasangiz ayting, istamasangiz yoʻq.
— Har holda bekorga soʻramagandirsiz. Balki bu «ish» ham nazoratingizdadir?
— Shunga yaqinroq.
— Unda aytishim shart ekan. Achinmasligimning bir necha sabablari bor: birinchisi, oʻynashinikida oʻldirilgan, degan gumon mavjud. Bu gumon tasdiqlanmasligi ham mumkin. Lekin oʻynashi borligi aniq. Demak, harom yoʻldagi odamning qismati bundan oʻzgacha boʻlmaydi. Ikkinchi sabab, u asadbeklarga aloqador odam. Bu tomonda ham toʻgʻri yashamagan.
— Qahringiz men kutgandan ham qattiqroq ekan,— dedi Said Qodirov bosh chayqab. — Odamiylik nuqtai nazaridan fikringiz toʻgʻridir. Kasbimiz nuqtai nazaridan-chi? Hayotlik davrlarida kim boʻlishlari biz uchun farqsiz, endi ular jabrlanuvchilar hisoblanadilar. Bizning burchimiz esa oʻsha jabr etganni topish.

Zohid bu gapni eshitib, boshini quyiroq egdi-da: «Men ogʻir muammoga duch keldim, aqling yetsa sen javob ber», deganday beixtiyor ravishda piyolaga ikki bora chertib qoʻydi. Loyi qalin olingan piyola bokira qizning qah-qahasiday jarang emas, tumov boʻlgan kampirning yoʻtali kabi boʻgʻiq ovoz berdi. Xuddi «bu muammoni yecholmay oʻzim ham boʻgʻilib oʻlayozdim», degan kabi boʻldi. Zohid boshini koʻtarib xona sohibiga tikildi:
— Odamiylik nuqtai nazari boshqa, bizning kasbimiz boshqami?

Said Qodirov stol ustiga shapatilab qoʻydi-da, ayb-dor odamday yelka qisdi:
— Men boshqa ma’noda aytuvdim, siz oʻzga tomondan ilgʻabsiz.
— Oʻzingiz gap ochganingiz uchun bir masalani aytmoqchiman: Ehsonovga achinish yoki achinmaslikni bir tomonga qoʻyib turaylik. «Ehsonov jinoyatchi», degan gumonimiz bor. Agar jinoyatlarini boʻyniga qoʻyib isbot qilib bersak, balki sud uni oʻlimga hukm etardi. Ungacha oradan bir yilmi, ikki yilmi oʻtardi. Biz emas, boshqa bir odam yoki guruh bizdan chaqqonroq harakat qilib uni oʻlimga hukm qildi-yu, choʻzib oʻtirmay hukmni darrov ijro etib qoʻya qoldi. Ehsonovning taqdirida nima oʻzgardi? Bizning sustkashligimiz uchun yana ozgina yasharmidi? Uning yashashi evaziga nechta odam jon berardi yoki qanchasi jabr koʻrardi? Bu masalaning ikki yechimi borga oʻxshaydi. Birinchisi: siz aytgan odamiylik nuqtai nazaridan qarasak, uning oldinroq oʻlgani jamiyat uchun foydaliroq. Ikkinchi-si — kasbimiz, burchimiz nuqtai nazaridan qarasak, u chindan ham jabrlanuvchi. Qotilni jazosiz qoldirishimiz mumkin emas. Balki kimyodagi zanjir reaktsiyasi kabi bugungi qotil ham ertaga jabrlanuvchiga aylanib qolar?
— Xoʻp, bu falsafalarni qoʻyib turaylik, — Said Qodirov oʻrnidan turdi-da, derazaning bir tabaqasini qiyalab ochdi: — Qahva bu safar xiyonat qildi, aqlimizni peshlamadi, — shunday deb Zohidning qarshisida toʻxtadi. — Mirkarimovning ishidan gapiring. Har holda asadbeklarga taalluqli joyi borligini fahmlagandirsiz? Meni ham shu tomoni qiziqtirgani uchun «Ish»ni sizga topshirishlarini soʻradim. Agar uning oʻlimi asadbeklar tomonga tortsa, koʻpam chuqurlashmang. Yana ularning dumini bosmang.
— Sekingina «Ish»ni yopib qoʻya qolaymi?
— Sizga «dumini bosmang», dedim. «Ilonni koʻrish bilan orqaga qoching», deganim yoʻq. Ilonni boʻgʻzidan olish kerak. Beton zavodi kimning soyasi ostida edi, bilasizmi?

Zohid bilmas edi. Buni oʻylab ham koʻrmaganiga sabab, vinzavod, taksopark kabi bu korxona ham Asadbekka tobe deb hisoblagandi. Said Qodirovning savolidan soʻng adashganini fahmlab, «bilmayman», deb qoʻya qoldi.
— Bilmasangiz bilib oling: beton zavodi Hosilboyvachcha deganning hukmiga boʻysunardi.
— Unda qanday qilib?..
— Ha, qoyilman, ana oʻsha «qanday qilib?»ga javob topib koʻring. Balki shu javob yechimga olib borar. Mirkarimov beton zavodida koʻp ishlamadi. Hosilboyvachcha yoʻqolmay turib oʻldirildi.
— Bu yerda katta oʻyin yashiringanini sezuvdim. Shuning uchun haydovchi bilan oʻynashni hozircha ozod qilsammikin, deb turibman.
— Ehtiyot chorasi sifatida oʻtirishgani oʻzlari uchun yaxshiroq. Chiqarsangiz izni chalkashtirish uchun ularni ham oʻldirib ketishsa-chi?
— Buni oʻylaganman. Odam qoʻyamiz.
— Boshligʻingiz bilan maslahatlashing. Sizning oʻrningizda boʻlsam, ularni hozircha chiqarmay turardim. Yana bittadan qahva ichamizmi?

Toʻy-ma’rakalarda osh yeb boʻlinsa ham qimirlashga shoshilinmasa, ayniqsa joy tanqis kezlari xizmat qilib yurganlar «choyinglar bormi?» deb qayta-qayta soʻrasalar «tezroq tura qolmaysizlarmi, sizlarga ruxsat», degan ma’no anglashilgani kabi Zohid ham suhbat yakun topganini fahmlab, oʻrnidan turdi.
— Aqlni judayam peshlab yuborsak boʻlmas, oʻtmasroq aql bilan ham bir ishlab koʻraylik-chi, — deb kulimsiraganicha xayrlashish uchun qoʻl uzatdi.

Kinoya emas, samimiy ohangda aytilgan bu hazil gap Said Qodirovga ma’qul kelib, jilmaydi.

Avvalgi
I- qism
 



  1. Farididdin Attor hazratlarining lafzlaridan foydalandik. Olloh u zotdan rozi boʻlgʻay.
  2. «Ikki kilo goʻshtu ikki kilo guruch» demoqchi.
  3. Mazmuni budir: Ey Odam farzandi! Agar senga boylik kelayotganini sezsang, bilgilki, azob-uqubati va jazosi naqd boʻlgan gunoh kelayotir («Hadisi qudsiy»dan).
  4. Hukumat idoralari bilan hamkorlik qilish oʻgʻri uchun oʻz qonunlariga xoinlik hisoblanib, shunday «unvon» bilan taqdirlanadilar.
  5. Mazmuni budir: Kim bu dunyoda zarra misqol ogʻirligida yaxshilik qilsa ham (mukofotini) koʻradi. Va kimki bu dunyoda zarra misqol ogʻirligida yomonlik qilsa ham (jazosini) koʻradi. «Zalzala» surasi, 7—8 oyatlar.