OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (IV- kitob, II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Kriminal belletristika
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm354KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (IV- kitob, II- qism)
Tohir Malik

IX bob

1

Oʻlim yaqinlashayotganini sezgan bir qariya nor tuyasining boʻynini silab turib, gʻamgin ravishda rozilik soʻrabdi:
— Norjon, sen bilan koʻp yillardan beri birga edik. Men sendan roziman. Sahroda adashgan mahallarimda necha martalab meni oʻlimdan saqlab qolding. Sendan sira yomonlik koʻrmadim. Ammo men sening dilingni ogʻritgandirman, besabab urib, siltagandirman. Mendan koʻrgan yomonliklaringni kechirgin. Yana qiyomatda uchrashganimizda yuzim shuvit boʻlmasin.

Shunda Nor tuya debdiki:
— Ey hojam, urib-soʻkkaningiz, siltalaganlaringiz, hatto burnimni teshib, burunduq oʻtkazganingiz uchun xafa emasman. Bu sizning mening ustimdagi haqqingiz edi. Men nohaq harakatlaringizning barchasini unutaman, ammo bitta ishingizni sira kechira olmayman.
— Qaysi aybim ekan, ayt, — debdi qariya.
— Esingizdami, falon zamonda sahroda adashib qolgan edik. Men ne mashaqqatlar bilan sizni omonlikka olib chiqdim. Shaharga yaqinlashgan onimizda siz mening burundigʻimga bogʻlangan arqonning bir uchini eshakning dumiga bogʻlab qoʻydingiz. Men oʻshanda eshakning dumi hukmiga boʻysinib shaharga kirdim. Mana shu xoʻrlikni kechira olmayman, hojam, — degan ekan Nor tuya.

Xongirey huzuridan chiqqan Asadbek oʻzini oʻsha Nor tuya holida koʻrdi. Xongirey uning burnidan ip oʻtqazib bir uchini Kesakpolvon qoʻliga tutqazmoqchi edi. Asadbek taqdirning bu shum haziliga itoat etganday boʻldiyu, oʻzidan nafratlandi. Boshiga shoʻr tushganidan beri u bu qadar xorlanmagan edi. Mamatbey kuzatuvida mehmonxonaga qaytgan Asadbek zohiran odam kelbatida boʻlsa ham, aslida bir vayrona edi. Biroq u buni tan olgisi kelmadi. Mamatbey bilan boʻlgan muomalasida ham, Jamshid, oʻgʻillari bilan koʻrishganida ham sir boy bermaslikka urindi. Jamshidga «Maskovda ishimiz bitdi, qaytish harakatini qilaver, men bir pas dam olvolay», deb xonasiga kirdi. Yuz-qoʻllarini yuvib, sochiqqa artayotganida roʻparasidagi koʻzguga qarab qoldi. Oppoq sochlariga tikildi. Hali, Xongirey bilan uchrashuvga bormay turib koʻzguga qaraganida sochlarining oqarib ketganiga hozirgiday hayratlanmagan edi. «Shum Mamatbey sezdi, — deb oʻyladi Asadbek koʻzgudagi aksidan koʻz olmagan holda. — Xongirey-chi, payqadimikin? Sezmagan boʻlsa, shum aytadi. Keyin «qoyillatibmiz», deb quvonishadimi? Uyga qaytganimda Haydar xunasa ham yayraydi. Manzura... qoʻrqib ketadimi? Boʻyatib ola qolsammikin?» Shu toʻxtamga kelib daxlizga chiqdi-yu, biroq, darrovgina shashtidan qaytdi. «Balki Xongirey shu topda Haydarga telefon qilib «oqsoch xoʻjayiningni kutib ol», deb ishshayayotgandir. U xunasa kessak ham eng avval boshimga qarar. Keyin «uyalganidan boʻyatib olibdi», deb xabar berar. Yoʻ-oʻq... bu xunasalarni in-iniga kirgʻizib yuborib, keyin boʻyataman...»

Bir pas hordiq chiqarish niyatida karavotga choʻzilgan Asadbekning tanasi salgina rohatlanganday boʻl-di-yu, biroq, ruhi orom ololmadi. Deraza ortidagi olam shom qorongʻuligi hukmiga boʻysuna boshlagan damda eshik qulfining shiqillashidan sergaklandi. «Yaxshi niyatli odam eshikni bunaqa ehtiyotlik bilan ochmaydi», degan fikr vujudini qalqitib yubordi. Uning nazarida qulfga qandaydir odam emas, Azroil kalit solib burayotganday edi.

... Hozir kirib keladi.

Suratlarda chizilganday chalgʻi koʻtarib, kafanga oʻralib olgan qoqsuyak mahluk koʻrinishida kiradimi...

... Balki

... Mamatbey qiyofasida kirar?

... Boshi chalgʻida olinadimi?

Balki...

Qilarqonda boʻgʻilar?..

Ertalabgacha tili osilib yotadimi? Jagʻini bogʻlab qoʻyishga bir mehribon topilmaydimi?

Bu fikrlar yashin tezligida kelib ketgan boʻlsa-da, shumligini amalga oshirishga ulgurdi: Asadbekning hatto tili ham muzlab qolgandek boʻldi. Xayolidagi Azroil kirib kelishga ulgurmay, oʻlishga tap-tayyor boʻlib qoldi. Oʻzini himoya qilishga kuch topish u yoqda tursin, nechundir xohish ham uygʻonmadi. Yumuq koʻzlarini bilinar-bilinmas ravishda ochib yotaverdi.

Eshik juda astalik bilan ochildi.

Oyoq sharpasi eshitildi.

Soʻng bir bosh koʻrindi...

Kim u? Jamshidmi? «Shunga topshirishgan ekanmi?»

Asadbek koʻzlarini baralla ochdi.
— Jamshid? — Asadbek shunday deb qaddini sal koʻtardi. — Nega mushukka oʻxshab pisib yuribsan?
— Bek aka, — Jamshid ichkari kirib, qoʻl qovushtirdi, — uxlayotgan boʻlsangiz, uygʻotvormay dedim. Oʻn ikkidagi samolyotning uchishi ertalabga qoldirilibdi. Aytib qoʻydim, uchadigan paytda xabar qilishadi. Ke-yin...
— Chaynalma, nima demoqchisan?
— Restoranda ham toʻrt kishilik joy tayyor. Birga...
— Qornim toʻq, oʻzlaring oʻtiraverlaring. Kenna-yingga aytib qoʻydingmi?
— Aytdim, lekin... Bek aka, chiqsangiz yaxshi boʻlardi. Chehrangizni ochib oʻtirsangiz... har holda doʻst bor, dushman bor.

Jamshid aql oʻrgatishga oʻrgatdi-yu, biroq, xojasining yuzlari uchganini koʻrib, nafasini ichiga yutdi. Asadbek esa gʻashlangan koʻyi tirsagiga tiralganicha bir necha soniya harakatsiz yotdi. A’yonining taklifiga na «ha» dedi, na «yoʻq». Koʻkragida «Sen bola, menga aql oʻrgatma!» degan hayqiriq uygʻondi-yu, baqiriq shakliga kirishi mumkin boʻlgan bu norozilikni sergak aql boʻgʻizdan nariga oʻtishiga yoʻl qoʻymadi. «Nega sachramoqchisan, bola toʻgʻri aytyapti, — dedi aql. — Mushukka oʻxshab hurpayib olganing nimasi? Gʻalaba qilganingda gerdayib yurishni bilarding. Bir mushtlik holing bormi? Sen yigʻlasang ular mazza qilib kuladilar. Yoʻq, yaxshisi sen kul, ular alamdan dod solishsin!»

Aqlga taslim boʻlgan Asadbek oʻrnidan turib ki-yindi-da, a’yon hukmiga boʻysunib, ikki oʻgʻlini ikki qanotiga olgan holda, qaddini gʻoz tutib, restoran tomon yurdi.

Koʻcha tomondan odamlar qoʻyilmagan, xos mehmonxonaning nozikta’b mehmonlarigagina xizmat qilgani uchun restoran gavjum emas edi. Ularga deraza tomondan joy hozirlangan ekan. Asadbek yumshoq stulga oʻtirayotib tashqarida qoramtir tusda koʻrinayotgan kreml-ning tuya tishlarini eslatuvchi devoriga koʻzi tushdi-yu, oʻzi uchun ham kutilmagan tarzda Deputatning gaplarini esladi: «Bek aka, siz bilan bizning taqdirimiz kreml devorlari ortida hal qilinadi. Biz bu devorni buzmas ekanmiz, bagʻrimizga shamol tegmaydi...» Bu gapga javoban Asadbek oʻshanda «Hammayoqni senga oʻxshagan ishbuzuqilar buzadi», degan edi. Hozir esa boshqacha oʻyladi: «Bu devorlarni yiqib boʻlarmikin?..»

Asadbek siyosatni durustroq fahm etganida «Bizlar uchun bu devorning turgani ma’qul. Sening bagʻringga shamol tegmasa tegmas, biz shu devorning ichida oʻsib-ulgʻaydik, qanot yozdik, bizlarning himoyamiz ham shu. Agar bu devor yiqilsa, tagimizga suv ketadi», degan boʻlardi balki.

Asadbek oʻzini xushnud tutishga urinib, oʻgʻillari bilan chaqchaqlashib oʻtirishga intildi. Farzandlarining goʻdakligidagi qiliqlarini esladi. Jamshid ham chetda turmay, bir-ikki latifa aytib kuldirgan boʻldi. Ular tomonga qarab-qarab qoʻyuvchilar goʻyo baxtiyor oilaning mas’ud damlariga guvoh boʻldilar. Asadbekning nigohi restoran boʻylab sarsari kezib turishini sezishmadi. Asadbekka Xongireyning odamlari ularni qaysi bir burchakdan turib kuzatishayotganday tuyuldi. Bu gumon haqiqatga aylanayozganida Asadbek gʻashlandi. Ikki soat davomida u restoranda emas, balki tikonlar ustida ishtonchan oʻtirganday boʻldi. Goʻyo amr etish huquqi Jamshidga berilganday, ijozat soʻrash nazari bilan unga qarab-qarab qoʻydi. Jamshid xojasining bezovtaligini sezib «Yana ozgina kuting», degan iltijoli nigohi bilan javob berdi. Jamshidning maqsadi faqatgina kuzatishi mumkin boʻlgan koʻzlarni shamgʻalat qilishgina emas, balki xojasining yolgʻiz ezilish balosidan oz fursatga boʻlsa-da, qutqarib turish edi.

Jamshidning ixtiyori bilan uyushtirilgan restoran tomoshasi tugagach, u xonasiga yoʻnalgan xojasini toʻxtatdi:
— Bek aka, boshqa xonaga joy tayyorlatib qoʻyganmiz.

Asadbek bu safar noroziligini yashirmadi:
— Ja oshirvording, bola!

Agar Chuvrindi boʻlganida xotirjamlik bilan «Bek aka, ehtiyot — shart!» — deb qoʻyar, Asadbek esa unga itoat etardi. Oʻzining Chuvrindi martabasida emasligini yaxshi bilgan Jamshid ortiqcha gapirmadi. «Aytdim-qoʻydim, jon shirin boʻlsa, oʻzingizni ehtiyot qiling», deganday qarab qoʻya qoldi. Hozir Asadbekka Chuvrindining oʻrni bilindi. «Bu bola sodiqlikka sodiq, lekin ikki dunyoda Mahmud boʻlolmaydi», deb oʻyladi.

Kengroq xonadagi uchta karavot bilan bitta divanga joy qilib qoʻyilgan edi.
— Hammamiz charchadik. Tiniqib uxlashimiz kerak. Uyga koʻzlarimiz kirtayib borsak, onang oʻzidan ketib qolmasin, — Asadbek shunday deb pidjagini yechib stul suyanchigʻiga tashladi-da, shimini yechmay, oʻrin ustiga choʻzildi. Oʻgʻillari ham otalari kabi omonat yotishgach, Jamshid chiroqni oʻchirdi.

Boʻlib oʻtayotgan voqealarning zamirida bir shumlik yotganini sezsalar ham, otalaridan soʻrashga jur’at etolmayotgan oʻgʻillar shiftga tikilgancha qimirlashmasdi. Asadbek «Oʻgʻillarim qattiq toliqishibdi, uxlash-yapti», deb yanglishdi. Yigitlar besaranjom boʻlsalar-da, karavotni gʻijirlatib otalarini bezovta qilgilari kelmay, xayollari oqimiga mayllarini berib yotishardi. Bu uch jonning joni uchun oʻzini mas’ul deb bilayotgan Jamshid esa «tiq» etgan tovushga ham sergak quloq tutardi.

Tiniqib uxlab olish niyatidagi toʻrtovlonga bu kech uyqu xiyonat qildi.

Hozir Asadbek ustiga kelgan odam uning koʻzlari yumuq ekanini koʻrardi. Biroq, tabiiyki, qalbi yumuq ekanini bilolmasdi. Abdurahmon tabibnikida ekanida, oʻlim farishtasidan boʻsa olay deb turganida Tangri taolo sari ozginagina siljigan edi. Olloh esa, va’dasiga koʻra, bandasi tomon yurib, uning boshi ustidagi balo bulutini hayday boshlagan edi. Bundan qoniqqan Asadbek Yaratgan sari yurmoqdan toʻxtadigina emas, dunyo tashvishlariga bandi boʻlib, asliga qayta qoldi. Ochilmoqqa moyil qalbi yumuqlik balosidan qutula olmadi. Koʻzlari yumuq Asadbek ayni choqda yumuq qalbi bilan chora izlardi.

Donishmand deb ekanki:

«
Ilohi, yomon af’olimdin parishonligim choʻqtur,
Va shum nafsimda pushaymonlik yoʻqtur
Mundoq balolardan qutulargʻa umidim sendin oʻqtur…
»


Shunga koʻra, Asadbek pushaymonlardan nari ekan, najotga ham umid yoʻq ekanini idrok qila olmas edi. Uning koʻr qalbi «Ey Xudo, senga nima yomonlik qiluvdimki, menga bu ofatlarni yuboryapsan», deb xitob qilardi. Bandalarga qilingan yomonlik Tangriga qilingan yomonlik kabi ekanini esa fahm etmasdi. Hozir shu yotishida ham Xudoni savolga tutardi. Pushaymonlik, tavba koʻchalariga kirmoqlikni esa oʻylamasdi.

«
Ilohi, dardu xolimni har kimga aytsam
Rad qilsa, senga tavajjuh etgayman.
Va agar sen rad qilsang, netgayman,
va kimga ketgayman…

Hazrat Alisher Navoiy bitgan munojotdan.
»


Asadbek dardini birovga aytadiganlardan emasdi. Afsus shuki, Tangriga yuzlanadiganlar safida yoʻq edi u. Nadomatkim, rad etilganlar guruhida edi...

2

Manzura qoʻrquv aralash taajjubini astagina «voy» deb, pastki labini tishlash bilan ifoda etdi-yu, bosh-qa sado chiqarmadi. «Voy adasi, u yoqda nima gap boʻldi, nega sochingiz oqarib ketdi?» deb soʻragisi keldi-yu, mehmonlar, ayniqsa hadiksiragan qushday salomga shay turgan kelinlari oldida erining zaxarli gaplari otilib chiqishidan qoʻrqdi.

Kelinlarining salomiga alik olib, har birining oyogʻiga ostiga bittadan gilam tashlagach, erkaklar uchun yasatilgan xonaga qarab yurdi.
— Oʻgʻillaring balo, — dedi Kesakpolvon, oʻtirishgach, — kelinlaring naq shkalatning oʻzi.
— Koʻzingni chaqchaytirma, — dedi Jalil uning gapini boʻlib. Keyin uy sohibiga yuzlandi: — Asad, men ketdim.

Asadbek doʻstining bu darajada shoshilishidan achchiqlandi:
— Kelmasang ham boʻlardi, ovoragarchilikda ancha aziyat chekkandirsan, — dedi zaxarli piching bilan. — Kelishingda bez-mezing tushib qolgandir, a?

Nasiyaga gap olishni yoqtirmaydigan Jalil bu safar odatiga xilof qildi, piching oʻqlarini shirin, ammo tagdor soʻz bilan qaytardi:
— Endi ogʻaynijon, chillalik uy, degan gap bor. Chillalik uyga hatto it ham kirmay turgani ma’qul.

Asadbek uning maqsadini uqib, Kesakpolvonga zimdan qarab oldi. Unda oʻzgarish sezmagach, oʻrnidan turdi:
— Oʻtirib tur. Chillalik uyga sen begona emassan. Shu bolalarning amakisisan. Men hozir kelaman.

Kesakpolvon unga ergashmoqchi edi, Asadbek ostona hatlamay turib, oʻgirildi:
— Sen ham oʻtirib tur.

Asadbek yolgʻondan boʻlsa-da «Sen ham amaki qatoridasan», demoqchi edi-yu, biroq, tili bu gapga aylanmadi.

Asadbek hovlida turgan Halimjon bilan Jamshidga imlab qoʻyib, darvoza sari yurdi. Aslida uning uchun yigitlardan biri kifoya edi. Biroq, «Kesakpolvon deraza yonida turib kuzatayotgandir», degan xayol ikkala yigitni ergashtirib chiqishga undadi.

U yanglishmadi: joyiga qaytib oʻtirmay deraza yonida turgan Kesakpolvon yigitlarning xojalariga ergashganlarini koʻrgach, koʻngli gʻashlandi, chap yuzi uchdi.

Asadbek Moskvani tark etar mahali «Borishim bilan onam bilan ukamni ziyorat qilaman, mozorga u-bu atayman», degan niyatni diliga tukkan edi. Bu gʻofil banda ham oʻzga adashganlar kabi najotni Yaratgandan emas, qabristondan kutayotgan edi. Dastlabki moʻljali boʻyicha toʻgʻri qabristonga borishi lozim edi. Lekin kutib olgani chiqqan Kesakpolvonni oʻziga ergashtirgisi kelmadi. Kesakpolvon Asadbekni magʻlublik jandasida koʻrmoqni, arazlagan odamning ginali gaplarini eshitmoqni kutgandi. Asadbekning ochiq chehra bilan tushib kelib, «Haydar oshnam, omonmisan», deb quchoqlab qoʻyishi uni tamom gangitib qoʻydi.

Kecha kechqurun Xongirey qoʻngʻiroq qilib «Ish pishdi. Endi bek — sensan. Asadni istasang ostonangga it kabi bogʻlab qoʻy. Xohlasang eshak qilib minib yur. Rahm qilsang, tepasiga tuproq tortib qoʻyaver. Ha, qulingning oppoq sochlaridan silab, oʻpib qoʻy. Bekman, deb kerilib, jonlaringni oladigan xoʻjayining ishtonini hoʻl qilib qoʻydi», degan edi. «Sochlari oqarganini hisobga olmasa, ishtonini hoʻl qilib qoʻyganini» Kesakpolvon sezmadi.

Hovlidan chiqib ketayotgan Asadbek bilan yigitlar izidan qarab turgan Kesakpolvon deraza koʻzini sindirib, tashqariga uchib chiqmoqqa shay edi, ammo oʻzi ham anglamagan bir kuch uni joyida mahkam tutib qoldi. Oʻzi bilmagan bu kuch — oqibat qoʻrquvi edi. Garchi Xongirey Asadbekning boʻynini (goʻyo) bukib bergan boʻlsa ham, Kesakpolvon undan qoʻrqardi. It qilib bogʻlab qoʻyolmasligini, eshak qilib minolmasligini, hatto tepasiga tuproq tortib ham tinchiy olmasligini yaxshi bilardi.

Asadbek biron bir odamning shoxini qayirmoqchi yoki sindirmoqchi boʻlsa, «Sen hamma narsani unutsang unut-u, ammo Bek akangni unutma! Sen hatto mening oʻligimdan ham qoʻrq. Chunki men goʻrimda ham tinch yotmayman. Tirigimda shu odamni oʻldirib qutulaman», deb niyat qilarsan. Lekin goʻrda yotganimda yonimga kelib qayta oʻldirolmaysan, mendan qutula olmaysan. Yotgan yerimdan qoʻlimni chiqarib, kekirdagingni sugʻurib olaman!» deb poʻpisa qilardi. Bu poʻpisani eshitgan Kesakpolvon «Bek, gapni ham qiyvorasan-da», deb kulardi. Bir kuni navbatdagi oʻljaning popugi pasaygach, Kesakpolvon hazil tariqasida «Bek, bu dunyodagi ishlaringni koʻrib turibman-u, goʻrdan chiqaradigan qoʻlingga hayronman-da» deganda Asadbek «Hayron boʻlma, goʻrdan chiqaradigan qoʻlim — sensan», degan edi.

Shaytanat olamidagi kichik bir mamlakat hukmdori Asadbekning taxtiga oʻtirish onlari yaqinlashgani sayin Kesakpolvon oʻsha suhbatni bot-bot esladi. «Endi men uning goʻrdan uzatib chiqaradigan qoʻli emasman. Kekirdagi uzib olinadigan oʻljasiman. Qoʻl kim? Jamshidmi yo Halim soʻtakmi?» Shu savollar ichini bir tirnasa, «E, yoʻq, Bek bunchalik past ketmaydi. U mard odam. «Olsang olaver!» deb choponni yelkaga tashlab chiqib ketaveradi. Har holda bolalikdan qadrdonmiz. Nima qilgan boʻlsak ham birga qilganmiz», — degan fikr oʻzini goʻyo ovutardi. Ammo yuki boʻlmagan bu fikrlariga oʻzi ham ishonmasdi. Deraza yonida turib xavotir tirnogʻi hukmiga tushishi shundan.

Musallama kazzob oʻzini paygʻambar deb e’lon qilganida bir koʻzi koʻr, ikkinchisi esa xiralashgan qariya kelib «paygʻambar boʻlsang duo qilib, koʻzlarimning nurlarini qaytar», deb soʻrabdi. Kazzob «kuf-suf» qilgan ekan, cholning ikkinchi koʻzi ham koʻr boʻlibdi. Kimga e’tiqod qilishni bilmagan nodon cholga oʻxshab qolgan Kesakpolvonning noqis aqli boʻlajak falokatni toʻla fahm etmasdi, biroq yuragi his etib, jonsiz kuz yaprogʻi kabi titrab turardi.

Uchoqda uchib qaytayotgan Asadbek endigi hayoti islohga muhtoj ekanini anglagan, shu yoʻlda ayrim ahdga ham kelgan edi. Koʻngil ba’zan aqlga boʻysunib «Qoʻy endi, bu tashvishlarni, toʻringdan goʻring yaqin boʻlib turibdi, yemoq-ichmogʻing yetarli ekan, boshqasiga qarama», derdi. Biroq afsuskim, inson fitratida nafs degan narsa ham bor. Aql va nafsning bir-biriga zid ekanligi oydindir. Aql rad etmish narsani nafs da’vo qilaverar. Ayni damlarda nafs Asadbekni boylikka undamayotgan edi. «Asadbek» deb nom berilgan bu vujudga, nainki vujudga, butkul ruhoniyatiga hukmini oʻtkazib kelayotgan nafs endi kibrga nikohlandi. Mazkur nikohning mahsuli esa Asadbekdagi mardlikni boʻgʻib, uni oʻyindan chiqishiga yoʻl qoʻymaydi. Toʻgʻri, u taxtini Kesakpolvonga topshirib qoʻyaverishi mumkin edi. Biroq, magʻlub holida chekinishni istamadi. Endi uni hech kim, hech qanday kuch ahdiga qaytara olmas edi. Daryoni koʻzachaga qamash mumkin boʻlmaganidek, Asadbekning gʻazab oʻtlarini oʻchirishga urinish befoyda edi.

Moskvadagi mehmonxonada bedorlik bilan olishib yotgan Asadbekni yoʻqlab kelgan Iliko oʻtlarga moy sepgan edi. Aslida Asadbek ertasi kuni Ilikodan koʻngil soʻragani borishi kerak edi. Jamshidga «qaytishning harakatini qil», deb topshiriq bergan Asadbek Xongireyning birga borish haqidagi amrini unutmagandi. Asadbek mehmonxonadan qaytayotganidayoq bu masalani puxta oʻylab, hal qilib qoʻygandi. Iliko bilan uchrashmay oʻzini salkam Xudo deb hisoblayotgan bu kibrli chechenga javob — tarsaki boʻlardi. Ikkinchidan, u Xongireyning Iliko bilan yarashib olishini istamadi.

Yarim tunda mehmonxonaga kelib Asadbekni yoʻqlatgan Iliko koʻp gapirmadi. «Nega kelding, oʻgʻillaringga nima boʻldi? Bu yogʻini menga qoʻyib ber», demadi. Akasining oʻlimidan qaygʻuda ekanini ayta turib «Xongirey oʻlim raqsiga tushishni boshladi. Endi qancha yashashini men hal qilaman», deb qoʻydi. Asadbek uning ahdi ohangidan «Xongireydan oʻch olaman, u bilan olishaman, deb ovora boʻlma», degan ma’noni uqib, gapni choʻzmadi.

Derlarkim, vaqti kelganda ba’zi narsalar uchun jonni fido qilmoq mumkin. Ammo nomus hech bir narsaga fido qilinmas, nomus jondan-da qimmatliroqdir. Asadbek ota-ona mehrisiz ham bu dunyoda yashamoq mumkinligini biladi. Biroq, erkakning nomussiz yashamogʻi qanday boʻlishini tasavvur etolmaydi. Oʻzgalarning nomus-ori toptalganda rohatlangan odam, oʻziga tajavvuz qilinganda chiday olmadi. Uzoq yillar ilgari yangragan, soʻng unut gʻuborlari ostida mudrab qolib ketgan bu qargʻish hech kutilmaganda uygʻondi. Bu qargʻish oldida Jalilning «Xudodan qaytibdi», degani arzimas bir gap edi. Hosilboyvachcha tashlab ketgan videokassetadagi manzarani koʻrib koʻz oldi qorongʻilashganda zulmat qa’ridan oʻsha ovoz boʻgʻiq momaguldirak kabi chiqib kelgan edi:
— Asad, men senga Xudodan oʻlim tilayman. Men bugun sening qoʻlingdan oʻlim topmasam, ertaga joningga qasd qilmayman. Oʻgʻillarim ham qasos olishga urinishmaydi. Yoʻq, sen osonlikcha oʻlib ketmagin, Asad. Sen bolalaringning xorlanganini koʻrginu soʻng oʻlgin...

U damda Zaynab hali tugʻilmagan edi...

Alam bilan aytilgan bu qargʻish nahot tugʻilmagan qizning qismatiga yozilib qolgan boʻlsa?..

Nahot uning joni-jahoni, suyukli qizi tugʻilganidayoq oʻsha qargʻish yoʻrgagiga yoʻrgaklangan boʻlsa?..

Baqirib emas, ingrab aytilgan bu soʻzlar shunchalar qudratga ega ekanmi?..

Moskvadagi mehmonxonada yotganida bu qargʻishni yana eshitdi. Ovoz bu safar boʻgʻiq emas, yeru koʻkni larzaga soluvchi momaguldirak yangrashi kabi eshitildi.

... Aslida oʻsha gʻalvani shumqadam Kesakpolvon boshlagan edi. «Oʻqilon» degan laqabdan boy odamlarning endi-endi choʻchiy boshlagan damlari edi. Markazdagi restoran boshligʻi ularning talabiga koʻra choʻtalni kanda qilmay, kamaytirmay berib turardi. Kesakpolvon qaerdandir hid olib «choʻtaliga gadomizmi, shuncha boyligi bor ekan, etakka toʻksin», dedi. Bu fikr Asadbekka ma’qul kelgach, restoran boshligʻiga talab avval yaxshilik bilan aytildi. Talab rad etilgach, tunda uyiga bostirib borildi. Asadbek Kesakpolvonning bunaqa ishlariga aralashmas edi. Oʻsha kuni «sen ham bor, kimligingni odamlar bilib qoʻyishsin», degach, bordi. Asadbek borguniga qadar Kesakpolvonning yigitlari ishni boshlab yuborishgan edi. Kesakpolvonning ta’biri bilan aytilganda «profilaktika ishlari»ning ikki kun avval boshlanganini Asadbek oʻsha yerga borganida bildi. Isitgich quvuriga bogʻlab qoʻyilgan uy egasi urib-kaltaklanmagan, lekin ikki kundan beri qultum suvga zor boʻlib, sillasi tamom qurigan edi. Yon xonadagi xotini, ikki oʻgʻli, ikki qizi ham shu ahvolda edi.
— Asad, bularingga aytgin, suv berishsin, — dedi uy egasi zorlanib.
— Koʻp suv ichsang siyib qoʻyasan, — dedi Kesakpolvon tirjayib. — Bek, bu akaxoningga aytyapman, hozir suvning narxi oshib ketgan. Berkitgan tillalarini chiqarsin, toʻydirib sugʻormagan — nomard!
— Asad, buning valdirayveradi, menda tilla yoʻq. Topganimni bitta oʻzim yemayman-ku, yuqoridagilarning qanchasiga sochaman. Tilla boʻlsa oʻshalarda boʻladi. Men borimni berdim, boshqa yoʻq.
— Qancha berdi? — deb soʻradi Asadbek.
— Oʻttiz ikki ming, yana xotinining uzuk-puzuklari... Oʻ, maraz, sen meni laqillatsang ham Bekni laqillataman dema. Berganing bitta tishimning kavagida yoʻq boʻlib ketadi. Hozir koʻchaga chiqib «restoran kattasining uyida shundan boshqa pul yoʻq ekan», desam odamlar ishtonini yechib orqasi bilan kuladi.
— Asad, menda boshqa pul yoʻq. Hech boʻlmasa kennayingga suv berlaring, bechora kasal.
— Ana koʻrdingizmi, bechora kennayim kasal ekanlar. Sizga kennayimnig jonlari kerakmi yo molmi? — dedi Asadbek, uning zorlanishlariga e’tibor ber- may.
— Bek, xotinini qoʻyaver. Bu marazning qizlari yetilib qolibdi. Buqachalarimni arang ushlab turibman. Shilimshiq, akangga anavi ashulangni aytib ber-chi. Bek, quloq sol, bunaqangi allambalosini eshitmagansan.

Deraza yonida turgan yigit sovuqqina ishshayib qoʻyib, sozlanmagan gʻijjak ovozida xirgoyi qildi:
— Togʻda quyon otdim, iyagi yoʻq.

Qizlar kuylak kiyibdi, jiyagi yoʻq.

Jiyagi yoʻq yerlaridan qoʻlim solsam,

Bilqillaydi qoʻsh anori, suyagi yoʻq...
— Dod, jonginangdan akang! — Kesakpolvon shunday deb tizzasiga urganicha qiyqirdi.

Uy egasi «shu kichkinagina jasadga bunchalik koʻp zulm sigʻishi mumkinmi?» deganday unga tikilib qoldi. Qandaydir gʻoyibona ovoz unga «Mumkin, sen oʻylagandan koʻproq hajmda sigʻadi», dedimi, talvasaga tushib, endi najot koʻzlari bilan Asadbekka boqdi.
— Bek, nima desang de, buqachalarni qoʻyib yuboraman. Qizchalarni bi-ir sugʻorishsin, — dedi Kesakpolvon.
— Yoʻq! Asad, sen bilan kelishuvimiz bor. Men aytganingni berib keldim. Meni himoya qilishga va’dang bor.
— Sen gʻirrom oʻynading.

Asadbek unga doim «siz»lab gapirardi, hurmatini joyiga qoʻyardi. Hozirgi sensirashidan zulm bobida sherigiga yaqinlashganini ma’lum qildi. Buni fahmlagan uy egasi soʻnggi ilinj bilan uni insofga qaytarmoqchi boʻldi:
— Asad...

Kesakpolvon uning gapini uzdi:
— «Asad» dema! Nima, bu sening oʻrtogʻingmi?! «Bek aka», de!

Uy egasi bir yutinib olib, amrga boʻysundi:
— Bek aka, shartimizda bunisi yoʻq edi. Uyingda borini berasan, demagansiz.
— Demagan boʻlsam, endi deyman. Xoʻsh, qani tillalaring?
— Tilla yoʻq menda...
— Hukmni oʻzing chiqarding, mendan domangir boʻlib yurma...

Asadbek «buqachalaringni qoʻyib yuboraver», deganday sherigiga qaradi. Kesakpolvonga shu qarashning oʻzi kifoya qildi. Zulm harorati oʻtidan sachragan uchqun bir oilaning pokiza gullarini soʻldirdi.

Uy egasi oʻshanda qargʻagan edi.

Oʻshanda Asadbek «men ham qiz koʻrarman, vaqti kelib kimningdir iflos nafasi ardoqlab oʻstirganim pokiza gulni soʻldirar», — deb oʻylamovdi. Bu qargʻishni oʻshanda yer yutganday boʻlib edi. Odam oʻlib ketaverar ekan-u, biroq, uning qargʻishi oʻlmay, yer yuzi boʻylab oʻljasini ta’qib etib yuraverarkan. Restoran boshligʻi oʻsha voqeadan soʻng koʻp yashamadi. Avval xotini, soʻng oʻzi bu dunyoni la’natlay-la’natlay tashlab ketishdi. Asadbek uning janozasiga borgan edi, goʻrkov tutgan etakka «meni u dunyoda ham eslab yur», deganday bir siqim tuproq ham tashlagan edi. Ha, unutmabdi, oʻzi koʻmilsa ham qargʻishini qoldirib ketibdi. Bu qargʻish yigirma yildan ziyod Asadbekka soyaday ilashib, payt poylab yurgan ekan.

Oʻsha restoran xoʻjayini tirik boʻlib, pichoq bilan hamla qilsa, Asadbek oʻzini himoya qilish chorasini topardi, yoki uni oʻldirib qutulardi. Endi koʻzga koʻrinmas, chopsa chopilmas qargʻishdan oʻzini qanday himoya qilsin?

Asadbek qargʻishni eslashga esladi-yu, biroq, aybni oʻzidan emas, oʻzgalardan izladi. Alqissa, hukmni ham oʻziga emas, oʻzgalarga chiqardi. Uning qonida oʻtgan ishlardan pushaymon qilib oʻtirish degan narsa yoʻq edi, bilaks, qasos degani istagancha topilardi. Siniq koʻnglida gʻam, buzuq xayolida alam hukmron ekan, endi Asadbekdan nimalar kutish mumkin?

Jaholat zulmidan aql ravshanligiga yeta olmay qolgan Asadbekning Olloh huzurida «birovga qasd qilmayman», degan ahdi boʻlmagach, uni kim toʻxtata olardi?

3

«Oyijon, meni chaqirmay turing, bu dunyoda qiladigan ishim koʻpayib qoldi...»

Mozorboshiga qarab yurayotgan Asadbekning koʻnglidan shu soʻzlar kechdi.

Kasali ogʻirlashganda «ota-onam yonlariga chaqi- rishyapti, vaqt yetgan boʻlsa boraman-da, iloj qancha?» deb oʻylagandi. Unda oʻgʻillari taqdiridan koʻngli toʻq edi. Zaynabni ham xorijga joʻnatib yuborsa, armonsiz, tahlikasiz ketishi mumkin edi. Avval kelganda «meni chorlamang», deb yalinmovdi. Endi bolalarini bunday ahvolda tashlab keta olmaydi. Haqqi yoʻq tashlab ketishga!

Xudoga emas, chirib yotgan murdaga yalindi bu gʻofil banda.

U ozgina boʻlsa-da yashamoqni, xonadoni tepasidagi balo bulutini haydamoqni, oilasiga baxtni qaytarmoqni istardi.

Istardi... lekin...

Bu baxti qora baxtli boʻlmogʻi uchun tole’ yulduzining zulm zulmatidan chiqib, saodat burjiga yuz burishi zarurligiga aqli qosirlik qilardi.

Gunohlar kirini pushaymonlik va tavba yoshi yuva olishini kim bilmaydi? Unda esa tavba ham yoʻq, koʻz yoshi ham yoʻq.

Jamshid boshlab kelgan goʻrkov oʻzi bilganicha tilovat qilgach, Asadbek uning choʻntagiga pul soldi-da, onasiga qoʻyilgan qora marmar tosh yonidagi yangi qabr-ga imlab:
— Bu yerga kim keldi? — deb soʻradi. Keyin tahdid emas, afsus ohangida qoʻshib qoʻydi: — Bu yerga odam qoʻymagin, devdim-ku?
— Mahalla bir nima deb turganidan keyin qaytar- olmayman-da. Bu yer ularning xilxonasi ekan, asli.
— Kim ekan, yerning egasi? — Bu safar Asadbek ovozida qahr zohir boʻldi.
— Suhrob ota deyishdimi?
— Nima? Pochtachimi?
— Unisini bilmadim... bir hafta boʻldiyov...

«Ha, oʻsha, — deb oʻyladi Asadbek. — Bu haromi, kelib-kelib shu yerga koʻmildimi?

Asadbek qabristonda ekanini unutmadi. Soʻkib yubormaslik uchun tishini tishiga bosdi. Tishlarning gʻijirlaganini sal narida turgan Jamshid ham eshitib, sergaklandi. Pochtachining qiliqlari Chuvrindiga ma’lum edi, Jamshid bilmasdi. Shu sababli xojasining nima sababdan gʻazablanganini anglamadi.

Alam jomiga gʻazab mayini quyib sipqorgan odam aslida yonib ketishi kerak. Asadbek yonishga tayyor edi. Biroq, onasining ruhini qaqshatishni istamadi. «Agar bu maraz bir hafta oldin qoʻyilgan boʻlsa, — deb oʻyladi u. — Onam bechoraning arvohlari bir haftadan beri chirqirab yotibdi ekan-da? Yoʻ-oʻq... men bu marazni yoʻqotaman. Xilxona emish... Uning xilxonasi axlatxonada...» Asadbek shu qarorga kelib, yuzini burdi. Xayolini chalgʻitish maqsadida marmartosh ortidagi oʻrik daraxtiga tikildi. Onasini shu qabrga qoʻygan yili bosh tomoniga oʻzi ekkan nozikkina niholcha yoʻgʻon daraxtga aylangan. Daraxtning tanasi bujurlashgan, taram-taram yoriqlar paydo boʻlgan. Goʻyo bu yerdan taraluvchi sassiz nolalarni tinglayverib, alamlardan tirishib ketganday... Shoxchalardagi kurtaklar bahorga homilador boʻlib, toʻlib turishibdi. Aldamchi iliq shabada ularning koʻzlarini ochib yuborishi mumkin. Ayamajiz qaysi bir kavaklarda xuddi shuni kutib turibdi. Daraxtlar yayrab, gullagan onda u bir hamla qiladi-yu, bitta-bitta yamlab bu chaman gullarning jonini oladi...

Asadbek nima gunoh qilib qoʻyganini anglamay dovdirab turgan goʻrkovga yana bir bor gʻazabli nigohini qadadi-da, iziga qayta boshladi. Darvoza yaqinida qimtinib turgan ayolni koʻrib, qadamini sekinlatdi. Hali kelishayotgan mahalda bu ayol roʻparalaridan chiqib salom bergan, Asadbek uning mungli qarashidan qandaydir sarosimani payqagan edi. «Meni kutyaptimi yo goʻrkovda ishi bormi?» deb oʻyladi u. Ayolning chehrasi tanish tuyuldi-yu, ammo qaerda koʻrganini eslay olmay Jamshidga qaradi. Qarashdagi savol alomatini fahmlagan Jamshid:
—Sharif Namozovning xotini, — deb izoh berdi.

«Demak, meni kutyapti».

Asadbekning sekinlaganini koʻrgan Nasiba unga peshvoz chiqib, yana salom berdi.

Asadbek alik oldi-yu, «kimsiz, menda nima ishingiz bor?» — deb soʻramadi.
— Men... Sharif akaning ayollariman... — dedi Nasiba sarosimali ovoz bilan. Bilmagan odam bu ovozni eshitib «Sharif akaning xotini boʻlish ham katta gunoh ekan-da, a?» degan xayolga borishi tabiiy edi. Nasiba bu kishi yana «Qaysi Sharif?» deb soʻrab qolmasin, degan tashvishda darrov izoh berdi: — Vinzavodda ishlardilar...
— Ha, endi tanidim, koʻzimga issiq koʻrinyatuvdingiz. Tinchlikmi, singlim?

Qovogʻi soliq, qarashi qahrli Asadbekdan muloyim ohangdagi gapni eshitgan Nasiba sarosimadan qutuldi.
— Sharif akamni Maskovdan olib kelib... shu yerga qoʻydik, — Nasiba «Shu yerga qoʻyganimiz toʻgʻri boʻlibdimi?» deganday unga qarab oldi.
— Ie... xabarimiz boʻlmabdi-ku? Salom-aligimiz bor edi eringiz bilan. Nega ayttirmadingiz?

Asadbek bu gapi bilan riyokorlik qilmadi. U Sharif Namozovning oʻlimini eshitgan, biroq kasalligi, keyin yana boshqa tashvishlari bilan andarmon boʻlib, oilasining taqdirini unutgan edi.
— Shoshib qoldik... — dedi Nasiba aybli odam ovozi bilan.
— Bizdan nima xizmat?
— Xizmat yoʻq... faqat... oʻzingizga uchrashadigan ishim bor edi.
— Uchrashib turibmiz-ku, aytavering.
— Gapiradigan gapmas... omonat bor, berib qoʻyishim shart.

Asadbek «Sharif bir nima qoldiribdi-da», deb oʻylab:
— Ertaga soat oʻnda idoraga keling. Idorani bilasizmi? — dedi.

Nasiba «ha, bilaman», degan ma’noda bosh irgʻadi.
— Yuring, uyingizga tashlab oʻtamiz, — dedi Asadbek.
— Yoʻq, rahmat, — Nasiba shunday deb tisarildi. — Men... hali bu yerda ishim bor... Goʻrkovga aytadigan gapim bor...

Asadbek ayolning yolgʻon soʻzlayotganini, ularning mashinasiga chiqishni istamayotganini sezdi. Shu sababli sovuq tarzda: «Xayr», dedi-yu, darvoza sari tez-tez yurdi.

Uyga qaytishganda xonadonda oʻzgacharoq ruh hukmron edi. Magnitofondan shoʻx qoʻshiq taralgan, hovlida xizmat qilib yurganlar chehrasida xursandchilik zohir, hatto bulutlarni chekintira olgan quyosh nurlari ham faqat shu xonadonga tushayotgandek edi.

Ayvon ustuniga suyanib sigaret tutatayotgan Kesakpolvon Asadbekka peshvoz chiqib, jilmayganicha qulochlarini yoydi:
— Endi bu yogʻi toʻyning bismillosida, Bek! — Kesakpolvon shunday deb «Nima gap, qaerga bordilaring?» degan ma’noda Jamshidga qarab olishni unutmadi.
— Nabi hofizga odam joʻnatdim. Xirgoyi qilib oʻtirsin-da. Hademay uyingni odam bosadi. Oʻgʻilla- ringning qaytganini eshitganlar qulluq boʻlsinga kelaverishadi.

Kesakpolvon aytganday birovlar astoydil, boshqalar qoʻrqqanidan, ayrimlar Asadbekka yaxshi koʻrinish, bahonada yaqinlashib olish niyatida «muborak boʻlsin»ga kelaverishdi. Mehmon kutib charchagan Jalil:
— Toʻyni tezlatib yubora qol, — dedi. Oshnasi jilmayib yurgani bilan yuragini ogʻir dard bosib turganini sezgani uchun hazil bahonasida gʻam toshini yengillatmoqchi boʻldi: — Puling yetmayotgan boʻlsa berib turay.
— Ichimsan-da ichimsan! Jiyanlaringning toʻyiga choʻntakni bir qoqasan-da, oshnam! — Asadbek shunday deb Jalilning yelkasiga qoʻl tashlab, bagʻriga tortdi.

Asadbek uylanayotganda Jalil toʻyona bera turib «Choʻntakni qoqib, topgan-tutganim shu boʻldi, boriga baraka», deb qoʻygan edi. «Ha, endi ishchining topgani nima boʻlardi!» degan xayoldagi Asadbekka pulning choʻgʻi koʻproq tuyuldi. Holiroq qolganda pulni sanab avval ajablandi, soʻng koʻzlariga yosh keldi. Chunki oʻsha damlarda boyvachchalar ham bunchalik koʻp toʻyona berishmas edi.

Hozirgi gap bilan Asadbek oʻsha voqeani esga soldi. Bir oz fursat holi qolishganda esa qabristondagi ahdini aytdi.
— Jinni boʻlma! — dedi Jalil. Oshnasi ahdini hoziroq amalga oshirishga ketayotganday yengidan ushlab tortdi.
— Men allaqachon jinni boʻlib boʻlganman, sezmayatuvdingmi? — dedi Asadbek.
— Odamlar toshboʻron qilib tashlashadi. Bunaqa masalada sendan qoʻrqib oʻtirishmaydi.
— Menam toshboʻroningdan qoʻrqmayman. Baribir oʻligini oldirtirib tashlataman. Odamlaring ablahlik sira kechirilmasligini bilib qoʻyishsin.

Donolar «Odamlar uchun xotirda saqlash, unutmaslik naqadar zarur boʻlsa, ba’zi vaqtda unutish ham shu darajada zarur», deyishadi. Asadbek nodon boʻlmasa-da, unutish zaruratini tan olgisi kelmaydigan toifadan edi. Haqiqat va toʻgʻrilikni sevadigan odam doimo vijdoni farmoniga itoat etarkan, uning vijdoniga hech kim hokim boʻla olmas ekan. Sarobni, shayotin koʻrsatgan adash yoʻllarni haqiqat va toʻgʻrilik deb hisoblovchi doʻstining vijdoni farmonlaridan nimalarni kutishni fahmlagan Jalil uni insof koʻchasiga burmoqchi boʻldi:
— Sen kechirimli boʻl. Xudo «bandalarimning gunohini kechiraman», deb turganida sen oʻjarlik qilma.
— Xudoning hisob-kitobi boshqa, meniki boshqa.
— Tavba qil, jinni boʻlma.

Halimjon yaqinlashib, mahalladan bir odam soʻ-rayotganini aytmaganida ularning bahsi Jalilning boʻralab soʻkib qolishi bilan yakunlanishi tayin edi.

Jalil «yoʻqlayotgan kim ekan, oʻzim bilib kelaman», deb Halimjonga ergashganicha koʻchaga chiqdi-yu, tezda iziga qaytdi.
— Shorasul akaning nevarasi ekan, bir borib kelmasang boʻlmaydi.
— Hozirmi?
— Ha, hozir, bola kutib turibdi. Ukam anavi kuni «Amakim kasalmishlar», devdi. Ogʻirlashib qolganga oʻxshaydilar. Senda gaplari bormish.
— Birga boramiz.

Jalil «Shorasul aka seni soʻrattirgan, menga balo bormi?» deyish oʻrniga:
— Men bu yerda keldi-ketdiga qarab turaman, — dedi.

Chopar yubortirgan Shorasul aka Asadbekka ham, Jalilga ham ota qadrdonlardan edi. Shu sababli Asadbek hozir bormaslik uchun bahona izlab oʻtirmaslik barobarinda Jalilning vaj-karsonini ham inobatga olmadi. «Yur, keladigan odam sensiz ham kelib-ketaveradi», deb toʻngʻillab qoʻyishining oʻziyoq Jalilga kifoya qildi.

Qirq birinchi yil Asadbekning otasi bilan urushga ketib, kelgusi kuzda oʻng qoʻlsiz uyiga kirib kelgan Shorasul aka toʻrt yilu toʻrt oy davomida ularning issiq-sovugʻidan xabar olib turdi. Xotini bilan birgalikda non doʻkonida ishlovchi bu odam ikki burda non orttirib qolsa, bir burdasini ularnikiga tashlab oʻtardi. Urush tugab, Asadbekning otasi qaytaganidan soʻng ham bu odatini tark qilmadi. Asadbekning otasi «xalq dushmani» tamgʻasida qamalganida koʻpchilikning oyogʻi ularning ostonasidan tortildi. Dastlab Shorasul aka ham kelmay qoʻydi. Tugʻruqxonadan qaytgan onasi holsizlangani sababli nonga Asadbekning oʻzi chiqadigan boʻldi. Yarim kechada Jalilning otasiga ergashib chiqqan Asadbek koʻp qatori navbatda turar, uning kaftiga ham kattalarga oʻxshab navbat raqamini yozib qoʻyishardi. Asadbek «Yozuv oʻchib qolsa navbatdan chiqarib tashlashadi», deb qoʻrqib, kaftini yummasdi, barmoqlari sovqotib, tarashadek qotib qolsa ham chidab turardi. Navbati yetganda bir qoʻllab hisob-kitob qilayotgan Shorasul aka bilan, erining yonida chaqqon-chaqqon non kesayotgan opoqi xotin bilan koʻzlari toʻqnashardi. Opoqisi bu bechora bolaning koʻzlariga qaray olmasdi. Shorasul aka esa mungli ravishda tikilardi. Asadbek uning «Ha, toychoq, qalaysan», deb erkalab qoʻyishini juda-juda istardi.

Aytadilarki, singan umid chinnisi chegalansa ham izi qoladi. Balki kattalarning umid chinnisiga xosdir bu hikmat. Norasidaning umidli nigohi javobsiz qolganda sinuvchi qalb chinnisini keyin chegalashning imkoni yoʻq.

«Dada» deb tili chiqqanida otasining diydoriga toʻyolmagan, goʻdaklik chogʻlarida otaning suyishlari qanday boʻlishini bilmagan, ulgʻaygan onida «toychoq» deb erkalashlarga koʻnika boshlaganda yana mehrga zorlik dashtida qolgan bola uchun non doʻkonida ishlovchi amaki qatoridagi odamning berguvchi nonidan koʻra birgina shirin soʻzi azizroq edi. Asadbek bu aziz narsaga zor boʻlgan kunlarini hanuzga qadar unutmaydi. Yoʻq, u Shorasul amakisiga gina saqlamasdi.

Shorasul aka ikki haftadan soʻng shom qorongʻusida ularnikiga kelgan, eski gazit parchasiga oʻralgan toʻrt kesim nonni berib, «Toychoq, qalaysan, oying, ukang yaxshimi?» deb hol soʻragan, biroq, ostona hatlab ichkari kirmagan edi. Tugʻilgan goʻdakning chillasi chiqmay turib kirish mumkinmas, yolgʻiz ayolning uyiga shom qorongʻusida kirib-chiqish ham ayb, degan tushuncha Asadbekda yoʻq boʻlgani uchun «xalq dushmanining uyiga kirishga qoʻrqdilar», deb oʻyladi. Oʻshandan soʻng Shorasul aka xuddi urush yillaridagi kabi har kuni kelishni odat qildi. Faqat avvalgilardek kunduzi emas, shom qorongʻusida rov kelib-ketardi. «Toychoq, qalaysan?» deb boshini silab qoʻyardi. Odamlardan yashirincha berilayotgan bu mehr bolaning oʻksik koʻngliga mal-ham boʻla olmas edi.

Shorasul aka har yili farzand koʻrardi-yu, biroq, unga baxt va’da qilib dunyoga kelgan goʻdak bir-ikki oygina yashab, ota-onasini hijron oloviga tashlab ketardi. Faqat toʻrtinchi qizi Toʻxtaxon ismiga sodiq ravishda yashab qoldi. Yashashga yashadi-yu, ota-onasini kuydirib, qaritdi. Shorasul aka «qadrdon oshnalarimdan birining oʻgʻlini kuyov qilsam, kuyov emas, oʻgʻil boʻlsa», degan niyatda yurganida oydek chiroy ochayotgan Toʻxtaxon tushmagur bir milisa yigitga koʻngil qoʻyib, toʻysiz, nikohsiz tegib olib, ota-onaning boshini egdi-yu, kuyov bolaning yurtiga joʻnab qoldi. Shorasul akaning xotini bu isnodga chiday olmadi, shu egik boshi bilan armonli dunyoni tashlab ketdi. Xudo bu ayolning rahmini yedi, isnod olovida kuyib yashash azobi esa Shorasul akaga nasib etdi. Yigirma yilning nari-berisida u yolgʻiz yashadi. Asadbek bilan Jalil uylab qoʻyishga harakat qilishsa ham u koʻnmadi. Ba’zan achchiqlanib, bu taklifni rad etib, ba’zan esa «Hozirgi xotinlarga ikki qoʻlli er kerak, bir qoʻlli notavonni boshiga uradimi?» degan hazil bilan chap berdi.

Uch yil ilgari Jalil ukasidan «Shorasul amaking yaxshi yuribdilarmi?» deb soʻraganida «Bir-ikki kundan beri koʻrinmayaptilar» degan javobni eshitib «Koʻrinmayotgan boʻlsalar yoʻqlab qoʻysang oʻlasanmi!» deb soʻkinib, xabar olgani uyiga kirgan edi. Uch kundan beri isitmalab, tuz totmay yotgan bu odamning tirikmi yo oʻlik ekanini dastlab bilmadi. Qoʻshnilardan gina qilganida ular «Qaydam, veteranlarning shifoxonasiga yotmoqchiydilar, oʻsha yoqqa ketgandirlar, deb oʻylabmiz», degan bahona bilan oʻzlarini oqlashdi. Shundan soʻng Jalil Asadbekni ishga solib, Shorasul akani koʻndirib, Toʻxtaxonni koʻchirtirib kelgan edi. Militsiyadagi xizmatidan haydalib, ishining tayini boʻlma-yotgan kuyov bolani Asadbek Chuvrindining limonad tsexiga joylab qoʻygandi. Boshqalarga nisbatan toʻrt baravar koʻproq maosh oluvchi «kuyov bola» qaynotasining bir paytlardagi yaxshiliklari evaziga bu martabaga erishganini fahmlamasdi. Shorasul aka taqdirga tan berganday koʻrinsa-da, qizi bilan ham, kuyovi bilan ham gaplashmasdi. Bir nima deyish zarurati tugʻilsa nabiralari vositasida ayttirardi. Shorasul akaning bu odatlarini bilganlari uchun ham ular nabiraning yoʻqlab kelganidan ajablanishmadi.

Shorasul aka hamishalik oʻrni — temir karavotda emas, xona oʻrtasida, qiblaga oyoq qilib yotqizib qoʻyilgan edi. Buning ma’nosini tushungan Jalil orqasiga oʻgirilib, ostonada turgan Toʻxtaxonga ajablanib qaradi.
— Oʻzlari aytdilar, — deb izoh berdi Toʻxtaxon.

Jon berayotgan odam yuzini qiblaga qaratib, ibodatini qilib olsin uchun shunday yotqizilishini bilmaydigan Asadbek bu holatga e’tibor bermadi. Shorasul akaning koʻzlari ochiq, nafas olishi ham bir meyor-da — jon berayotgan odamga oʻxshamas edi.
— Asad, keldingmi, toychoq bolam, — dedi u tetik ovozda. Soʻng Asadbek bilan izma-iz kirib kelgan Jalilga kulimsirab qaradi: — Ha, shalpangquloq, senam keldingmi? Ishqilib Xudo senlarni bir-birlaringdan ayirmasin. Shalpangquloq, bormisan, bu dunyoda? Yuz soʻmlik pulday yoʻq boʻlib ketding-ku, a? Asaddan ginam yoʻq, uning ishi koʻp. Sen salti-svoy odamsan, seni soʻksam ham arziydi.
— Nima boʻlsa ham baloga qoluvchi Jalil-da, a? Bu toychogʻingizni men yetaklab keldim. Oy chiqsa ham shunga chiqsin, kun chiqsa ham shunga, a? Bu qanaqa yotish, otaginam?
— Bu yotishmi... Otalaringni sogʻindim. Yogʻoch otga minib bi-ir yoʻlga chiqadigan boʻlib turibman.
— Adalarimizning sizga koʻzlari uchib turgani yoʻqdir, biz bilan otamlashib yuravering. Yogʻoch otni ham qoʻying, bu yoqda ota boʻlib qilib beradigan ishlaringiz chiqib turibdi.
— Xayrli ishmi, ishqilib? — Shorasul aka shunday deb Asadbekka qaradi.
— Xayrli ishlarning dodaxoʻjasi, — dedi Jalil.— Toychogʻingiz oʻgʻillarini uylantiryapti.

Endi toychoq demasangiz ham boʻladi. Ot boʻlib qoldi. Ozgina eshshakligi ham bor-u lekin sizning hurmatingizni qilib «ot» desak ham boʻlar.
— Toychoq, oshnangdan xafa boʻlma, buning onasi garmdoriga bosh-qorongʻu boʻlgan-da.
— Otaginam, onamni qoʻya turing. Kelinlar qaerdan, deb soʻrasangiz-chi?
— Soʻrash uchun sen birovga gap berasanmi, qani aytaver-chi?
— Kelinposhshalar siz yetib borolmagan naq Girmonning oʻzidan.
— Girmondan deysanmi? — u oʻrnidan bir qimirlab olib, ajablanganini yashirmay Asadbekka tikildi.
— Ha, Girmondan, lekin siz oʻylaganday Gitlerning jiyanlari emas ular. Oʻsha yerda qoʻnib qolgan bir oʻzbek boyning qizlari ekan. Aka-uka boja boʻlishyapti. Toychogʻingizning omadi yurib qolgan, hozir xoʻrozi ham tuxum qilyapti. Ana endi oʻrningizdan «bismillo» deb turasizu bir togʻoragina norin, bir chelak nisholdani koʻtarib, boʻrdoqini sudrab Girmonga toʻy olib borasiz. Shalpangquloq bolangizdan or qilmasangiz yoningizga olvolarsiz, qoʻyni yetaklab yurar...

Shorasul aka sogʻ paytida Jalil bilan uncha-buncha hazil qilib turardi. Hozir hazil gaplarga mayl bildirmadi. Asadbekdan koʻz uzmagan holda Jalildan iltimos qildi:
— Sen chiqib tur, toychoqqa aytadigan gapim bor.

Jalil iltimos ohangidagi amrga itoat etdi. Dahlizga chiqib, eshik ortida turgan Toʻxtaxonga «gap poylayapsanmi?» deganday qarab qoʻydi.
— Adangni olib kelarmishsan, rostmi? — deb soʻradi Shorasul aka, Jalil chiqib ketgach.
— Aniq bir qarorga kelganim yoʻq, — deb javob berdi Asadbek. — Birov olib kel, deydi, birov bezovta qilma, deydi. Hayronman.
— Bezovta qilmaslik yaxshi-ya... lekin olib kelganing ma’qul. Begona yurtlarda yotmasin... Olib kelsang... yonimga qoʻy, xoʻpmi, toychogʻim?

Keyingi gapni yosh bolaga gapirayotganday shirin ohangda aytdi. Otasi qamalgan kunlari Asadbek non doʻkonida umidvor boʻlib turganida xuddi shunday shirin ohangga zor edi. Amaki qatoridagi bu aziz odam shirin ohangini oʻlimi oldidan aytish uchun asrab qolganmidi?
— Ungacha bir ish qilasan: adangning qabridan tuproq olib keluvding, a? Ozginasini onangning qabriga toʻkuvdingmi? Qolgani-chi? Qolgani turibdimi?
— Ha, — Asadbek shunday deyishga dedi-yu, oʻylanib qoldi. Oʻshanda Manzura «Adasi, mozorning tuprogʻini bekorga olib kelibsiz, xosiyati yoʻq, mozorga olib borib tashlash kerak» degan edi. Asadbek «bilganingni qil», devdi. Hozir shuni eslab «tashlab yuborgan boʻlsa-chi?» deb oʻyladi.
— Oʻsha tuproqdan bir hovuchini menga ataysan. Koʻmayotganlaringda goʻrkovga bersang, boshimga qoʻyiladigan guvala ustiga sochadi. U tuproqda adangning hidi bor-da...

Asadbek Krasnoyardan qaytganida Shorasul aka uni yoʻqlagan, tuproq olib kelganini eshitib:
— Esing bormi, tuprogʻing nimasi? Oʻzini olib kelishing kerak edi, — degan edi.

Hozir oʻsha tuproqni sogʻinyapti...

Jalil chiqib ketmaganida bu gaplarni eshitib «E, otaginam, siz hali koʻp yashaysiz», debmi, ishqilib koʻngilni koʻtaruvchi bir narsani aytardi. Asadbekning esa, oʻrtogʻidan farqli oʻlaroq, bunaqa odati yoʻq edi. Kasal yotgan odamga qarab «rangingiz toza, koʻrinishingiz yaxshi» deya olmasdi. Koʻp hollarda yonidagi odam gapirib, u qarab turaverardi. Ayni damda bu odatini kanda qilmadi.

Shorasul aka bir-ikki yutinib qoʻygach, horigan koʻzlarini yumdi.
— Xudo nega meni buncha xorladi, nega buncha koʻp azob berdi, bilasanmi? — deb soʻradi u koʻzlarini ochmay.

Asadbek «Xudo hammaga jazo berarkan, jazosiz odam yoʻq ekan bu dunyoda», demoqchi boʻldi-yu, gapi qoʻpol ohangda chiqishi mumkinligini fahmlab, indamay qoʻya qoldi.

Shorasul aka bu savolni oʻziga koʻp marta bergan. Farzandlari birin-ketin oʻlaverganida ham, qizi tufayli isnodga qolganida ham, beva qolganida ham... Savolni berardi-yu, qilgan gunohlarini bir-bir eslab, soʻng xuddi taroziga solganday salmogʻiga qarab saralardi. «Eng ogʻiri bu, manavinisi mundayroq», deb oʻrinlarga boʻlib chiqardi. Ikkinchi, uchinchi... yigirmanchi oʻrinlarda gunohlarning joylari almashinib turardi. Ammo birinchi oʻrindagisi joyini bosh-qalarga boʻshatmas edi. Hozir ham shuni aytmoqchi boʻldi:
— Odamlarning noniga xiyonat qilganman...

Aytishga ogʻiz juftladi-yu, nogahon uygʻongan bir faryod fikrini tilga koʻchishiga yoʻl bermadi.

«Sen bularga bir-ikki burdadan non bergansan, qolganini oʻzing yegansan. Bir burda emas, bitta ushoq ham sen uchun harom edi. Lekin sen bu haromdan xazar qilmading, kuydirgingga rohatlanib yeding, yeb yana rohatlanding. Nega xazar qilar ekansan, axir shu haromni yeb, toʻq yurish, nafsingni orom oldirish qasdida kirgan eding-ku bu ishga. Endi haromingga bularni sherik qilmoqchimisan? Agar oʻsha non bularga ham harom boʻlsa, sen tufayli gunohga botishadi. Hozir «odamlarning noniga xiyonat qilganman», desang, «Senlarni toʻydirish uchun qildim bu ishni», degan ma’no chiqadi. Shunda «toychoq» deb erkalayotganing bu odam basharangga tupursa ham arziydi. Endi bu odam kechasi bilan zor qaqshab non doʻkoni yonida navbatda turuvchi bechora bola emas...» — Shu faryod tufayli uni oʻchgan Shorasul aka hozir «Iskandarning shoxi bor», degan haqiqatni aytolmay qiynalgan sartarosh holida edi. Sartarosh-ku, bir ilojini qildi, qurigan quduqni topib aytdi dardini. Lekin Shorasul aka topmadi bunday quduqni. Yonida choʻkkalab oʻtirgan odam ham quduq emas. Bu haqiqatni indamay yutib keta olmaydi.

Shorasul aka, Yaratganning notavon bandasi, hidoyat yoʻlining qanday boʻlishini bilmay shu yoshga yetdi, endi hidoyatdan benasib tarzda bu dunyoni tashlab ketmoqchi.

Bu qadar uzun umri yoʻlida bir iymon egasi chiqib unga tavbani oʻrgatmadi, sajdaga da’vat qilmadi. Aslida oʻzida ragʻbat boʻlmadi. Oʻzi hidoyatga intilganda edi, iymon egalariga yoʻliqqan boʻlardi. U tavbani-ku qiladi, biroq, peshona sajdaga tegmasa bu tavbaning qadri qanchalik ekan, vallohi a’lam?

Shorasul akaning ichida bir ogʻriq uygʻonib, tishsiz milklari bilan tilini tishlab beixtiyor ingradi.

Asadbek u tomon yaqinroq surilib, peshonasiga kaftini qoʻydi. Shorasul aka koʻzlarini bir ochdi-yu, ammo nimadandir qoʻrqqanday yana yumib oldi. Mijjalaridan yosh sizib chiqdi.
— Barmoqlarim ogʻriyapti... — dedi u ingrab. — Zirillab ogʻriyapti. Xuddi olovda qarsillab yonayotgan oʻtinga oʻxshab qaqshayapti...

Asadbek koʻrpa ustidagi ozgʻin barmoqlarni ikki kafti orasiga oldi. Barmoqlardagi sovuqlik uning vujudiga oʻtib, bir titradi.
— Bunisi emas, oʻng qoʻlim. Barmoqlarim qaqshayapti... Silab qoʻy, bolam...

Asadbek ajablandi: «Oʻng qoʻlni snaryad yelkadan uzib tashlagan boʻlsa, yoʻq barmoqlar qanday ogʻriydi. Alahsirayapti... Xayol ketgan shekilli...»
— Esingdami, men seni urgan edim. Shu shapalogʻim bilan urgan edim. Oshiq tepayotganingda «qimor oʻynama», deb uruvdim. Shu barmoqlarim qaqshayapti. Sen oʻsha shapaloq uchun meni kechir. Mendan rozi boʻl, toychoq. Rozi boʻlmasang, barmoqlarim qaqshayveradi. Doʻzaxda ham kuyib qaqshaydi...

Urgani yodida... Ularga non bergan bu bir qoʻlli odamning orqasidan soʻkkani ham esida. Ammo... oʻng qoʻli bilan urmagan edi. Chap qoʻli bilan qulogʻini ayamay burab, orqasiga astaroq tepgandi.
— Esingga tushdimi, kechirdingmi? — dedi Shorasul aka koʻzlarini ochib. Koʻzlarining qorachigʻi xuddi kulga koʻmilganday zoʻrgʻa koʻrinib turardi.
— Toʻgʻri urgansiz oʻshanda. Men sizdan kechirim soʻrashim kerak.
— Men sendan roziman. Sen oʻzing uchun ham, otang uchun ham mendan rozi boʻl, bolam. — U yana koʻzlarini yumib ingradi. — Otang rozi boʻlmaydi mendan. Esingdami, otangni olib ketishgandan keyin men ikki hafta senlardan oʻzimni tortib yuruvdim. Oʻshanda men ham soʻroq berayotuvdim. Men ojizlik qildim, qoʻrqoqlik qildim. Otangni «Bu xalq dushmani emas», deya olmadim. Otang rahmatli «nemisning hammasi fashist emas, yaxshilari koʻp, ilmda, madaniyatda ilgʻor», degan ekan. Shu gapni aytmagan, deya olmadim... Xudo urushda qoʻlimni olmay, tilimni, koʻzimni, qulogʻimni ola qolmaydimi?.. Shuncha oʻqlar bekorga yogʻilib turganida bittaginasini yuragimga sancha qolmaydimi?.. Barmoqlarim qaqshayapti... Ha, shu barmoqlarim bilan qoʻl qoʻyib berganman oʻsha xatga. Shuning uchun qaqshayapti. Barmoqlarim doʻzax olovida kuyishini boshladi.

Asadbek chap qoʻlning sovuq barmoqlarini siladi.
— Adam tirik boʻlganlarida sizni kechirardilar, gina saqlamasdilar. Oʻsha xatga qoʻl qoʻymaganingizda ham baribir qamashardi, siz bundan siqilmang.

Bu gapdan keyin Shorasul aka koʻzlarini ochdi. Butkul oʻzga ohangda, oʻzga mavzuda gap boshladi:
— Ma’rakaga kuyovning bir tiyini ham aralashmasin. Oʻzimning haloldan topib, atab qoʻyganim bor, Jalil oshnang biladi. Keyin... shu uyni Jalil ogʻayningga xatlab bera qolsammikin? Katalakda yashamay, mahallaga koʻchib kela qolsin, xoʻpmi?

Bu fikr Asadbek uchun yangilik emasdi.Toʻxtaxonni koʻchirish taklifini aytganida Shorasul aka «Qoʻy uni, yaxshisi oshnang Jalil koʻchib kelsin», degandi. Asadbek oʻsha suhbatni eslab:
— Aytaman-ku... lekin koʻnmaydi u shalpangqulogʻingiz, — dedi. — Meni eshakka oʻxshatadi-ku, asli oʻzi eshshakdan ham battarroq qaysar.
— Bu gaping toʻgʻri. — Shorasul aka chuqur nafas oldi. — Unda Sohib sariqqa xatlab berasan. Oʻn ikkita bolasini qayga joylashni bilmay garang, u boyaqish.

Asadbek uning maqsadini anglagani uchun ham «Toʻxtaxon-chi, qizingiz turavermaydimi?» deb soʻramadi.
— Endi sen boraver, men charchadim, ozgina dam olvolay.

Asadbek Shorasul akaning barmoqlarini yana ohistagina silab qoʻyib xayrlashdi-da, oʻrnidan turdi. Ostonaga yetganida Shorasul akaning ovozini eshitdi:
— Xudo senga shirin-shirin nevaralar bersin, nevaralaringning toʻylarini koʻr. Otang koʻrmagan baxtni Xudo senga nasib etsin...

Asadbek bu duoni eshitib, orqasiga oʻgirildi. Shorasul aka boʻynini burib, uning izidan moʻltillab qarab turgan edi. Bu holatni koʻrib Asadbekning koʻngli yanada vayron boʻldi, koʻzlariga yosh keldi. U ayni damda bir soatgina ilgari pochtachining oʻligini qabrdan chiqartirib tashlataman, deb hukm yuritayotgan diydasi qattiq rahmsiz odam emasdi. Agar hozir Jalil oʻsha ahddan soʻz ochguday boʻlsa «Gaping toʻgʻri, oshnam, oʻlikda nima gunoh, yotgan yerida yotaversin», deb chekinishi tabiiy edi.

Asadbek dahlizga chiqqach, Jalil bilan Toʻxtaxonni koʻrib, oʻrtogʻiga savol nazari bilan tikildi.
— Asad, Toʻxtaning bir iltimosi bor ekan, or-qangga qaytasan, endi oshnam...
— Nega? — Asadbek bu ayolga qarashni istamayotgan boʻlsa ham majburan qaradi.
— Siz ayting... bizdan rozi boʻlsinlar...
— Rozilik uchun ham dallol kerakmi? — deb toʻn-gʻilladi Asadbek undan koʻzini olib. — Oʻzing soʻrayver.
— Biz soʻradik, javob bermayaptilar...
— Ikki moʻ’minni yarashtirib qoʻyish savob, — dedi Jalil. — Banda rozilik bilan ketgani durust.
— Shu savob oʻzingga buyursin, — Asadbek shunday deb deraza tomon oʻtdi-da, unga yoʻl boʻshatdi.

Gapni choʻzishdan foyda yoʻqligini anglagan Jalil koʻp oʻylab oʻtirmay oldinga oʻtdi-da, ayolga «yur», deb ichkari kirdi. Asadbek esa bu savdoning nima bilan tugashini kutib turmay tashqariga chiqib ketaverdi. U Shorasul akaning fe’lini yaxshi bilgani uchun ham Toʻxtaxonning kechirilmasligiga ishonardi. Bir marta Asadbek «Toʻxta bilan gaplashmayapsizmi, kechirib qoʻya qolmaysizmi?» deganida «Onasi kechirmagan qizni men kechiramanmi?» degan javob eshitgan edi. Shorasul aka qizini faqat behayoligi uchun emas, xotinining isnoddan kuyib, bevaqt oʻlishiga sabab boʻlgani uchun ham kechirolmas edi. Asadbek buni oʻsha suhbatdan keyin tushungandi.

Shorasul aka qizini kechirsa xotini ruhiga xiyonat qilganday boʻlardi. Oʻrtada turgan Asadbekning gapini ikki qilmay qizining koʻchib kelishiga rozilik berganidan soʻng oʻtgan kunlari unga azobli boʻldi. Qizi uyiga qaytdi-yu, oʻzi azobli, toʻlgʻoqli dengizga gʻarq boʻldi. Toʻxtaxon ostona hatlab kirib kelgan daqiqadayoq xotinining ruhi chirqillay boshlagan kabi tuyuldi. Uyqularidan halovat qochdi. Tushlarida xotinining gʻamnok koʻzlariga termilib «Qizimizni kechira qol, yoshlik qilgan-da», deb ham yalindi. Lekin xotinidan sado chiqmadi, demak kechirmadi. Shu sababli ham Shorasul aka qizining rozilik soʻrab aytgan zorli soʻzlarini javobsiz qoldirgan edi.

Asadbek koʻcha eshigiga qadar kuzatib chiqqan kuyovga «xayr» ham demay, mashinaga oʻtirdi. Halimjon «Jalil aka ham chiqadilarmi?» degan savol nazari bilan xojasiga qarab javob olmagach, tavakkal qilib mashinani yurgizmoqchi boʻldi.
— Toʻxta, akang chiqmaydimi? — dedi Asadbek uni jerkib.

Jalil uzoq qolmadi. Mashinaga chiqib oʻtirgach, Asadbek «Ha, rozi boʻldimi?» deb soʻramasa ham hisob berdi:
— Chol qaysar, koʻnmadi.

Asadbek oʻrtogʻiga «Ahmoq boʻlmasang oʻrtaga tusharmiding?» — degan ma’noda qarab qoʻydi. Jalil bu qarashdagi ma’nini uqmaganday xuddi oʻziga oʻzi gapirgan kabi davom etdi:
— «Onasidan soʻramagan rozilikni mendan soʻraydimi, oq sutni men emas, onasi bergan», dedi. Men bir nima deya olmadim. Toʻxta qoʻrqyapti, bu norizolik bollarimga urmasaydi, deb tashvishlanyapti.

Asadbek bu gaplarni eshitmaganday devor boʻyi taxlab tashlangan pishiq gʻishtlarga imo qilib soʻradi:
— Kuyov bolang uy qurmoqchimi?
— Shunaqadir. Nima edi?
— Ovora boʻlmasin, aytib qoʻy: janozadan uch kun oʻtgach, kelgan yerlariga koʻchib ketishadi.
— Sen ham oʻjarsan.
— Bu mening hukmim emas. Uy Sohib sariqqa qolarkan.

Bir oz yurishgach, Jalil mashinani toʻxtatib, «Ukamda ishim bor», deb tushdi-da, eshikni yopmay turib:
— Menga qara, senam bir farosatingni ishlatgin, nomahram degan gapni tushunasanmi yo yoʻqmi, dayus emassan-ku, axir, — dedi. — Xoʻp, ilgari mayli edi, endi kelinlaring bor. Laychangni boshqa yoqqa bogʻla, gʻar koʻzini loʻq qilmay yursin.

Bu gapni eshitib Asadbek mashinadan tushdi-da, Jalilga yaqinlashgach bilagidan ushlaganicha bir-ikki qadam nari yurdi. «Laycha» deyilganida kim nazarda tutilganini anglab tursa ham:
— Haydarni aytyapsanmi? — deb bosiqlik bilan soʻradi.
— Ha, yana boshqa laychang bormi?
— Endi... oshnam, hadeb unga yopishaverma.
— Namuncha?! —Jalil jirillashini boshlamoqchi edi, Asadbek bilagini qattiqroq qisib, siltadi:
— Gapni eshit: Haydar yomonmi-yoʻqmi, sendan koʻra yaxshiroq bilaman. Haydar bilan oramizda doʻstlik yoʻq, ish bor. Shuning uchun sen tinch yur. Ilgari osilsang ham endi osilma. Endi u... — Asadbek «xoʻjayin» deb yuborishiga salgina qoldi. Gapni boshlashga boshlab qoʻyib yakunlashga taraddudlanganini sezgan Jalil unga tik qaradi:
— Ha, tinchlikmi? Gapiraver.
— Endi u boshqa odam, — dedi Asadbek.
— Uning oʻlganda ham boshqa odam boʻlmaydi.
— Sen ham odamga oʻxshab bir marta «xoʻp» degin. Sen uchun u endi yoʻq, oʻlgan, koʻmib tashlangan, bildingmi?
— Bilmadim. Ochiq gapir, nima boʻldi? Maskovdan kelishing menga yoqmay turibdi.
— Hozircha «xoʻp», deb turaver, qolganini keyin bilib olasan. Endi boraver, ukang sogʻinib, ichikib oʻtirgandir.

Asadbek shunday deb iziga qaytdi. Jalil esa turgan yerida uning orqasidan qarab qoldi.

X bob

1

Hammasi ortga chekindi: ota-onasining mungli nigohi ham, Noilasi bilan bahslashuvlari ham endi bezovta qilmay qoʻydi. Bel tomonga azob berayotgan ogʻriq kamayib, uyquli damlaridan koʻra uygʻoq soatlari koʻpaydi. Behisob dorilarning kuchidan karaxt boʻlsada, oʻtmish voqealarni idrok etishga urindi. Ana shunday onlarda Zelixonning «nodonsan, sen bola» degan gapini esladi. Qamoqdan chiqib uchrashganlarida Zelixon bu gapni erkalash ohangida aytgan edi. Asadbekning gapini ikki qilmay eski hovliga kelishi, uning hukmiga itoat etib, uzatilgan toʻpponchani olganicha tashqariga chiqishini har eslaganida Zelixon endi erkalash oʻrniga jahl bilan «Nodon!» deb soʻkayotganday tuyulaverdi. Aslida Zelixon emas, «Qasoskor ham shunchalar ahmoq boʻladimi!» deb Elchin oʻzini oʻzi soʻkardi. Soʻka-soʻka qancha oʻylamasin, Asadbek maqsadining tagiga yeta olmayotgani barobarida Jamshidning paydo boʻlib qolishi sababini anglashga ham ojiz edi. Uy-gʻongan turli gumonlar oqimlari uning esini teskari qilib yubordi. Dastlab «Asadbek jonimni olishga yubordimi buni» deb oʻyladi. Qimirlashga ham holi yoʻq damda shuning qoʻlidan oʻlim topmogʻi unga alam qildi. «Ey Xudo, mening azroilim shu jallod boʻlsa, mayli, olsin jonimni, ammo ozgina fursat ber menga, oʻzimga kelib olay, menga ozgina kuch-quvvat ham ber, oʻlsam-da, olishib oʻlayin!» deb nola qildi.

Zelixon Sochidan telefon qilib «Jamshid tirik» deganidan soʻng asadbeklar olamining nayrangiga tushunmay gangib yurgan Elchin hayronu parishonlik girdobiga yanada tortildi. Jamshid «Hofiz aka», deb chaqirgach, «oʻldirmaydi shekilli, jon oladigan odam chaqirib oʻtiradimi?» deb oʻyladi. Jamshid chiqib ketgach esa: «Nega chaqirdi? Biz Zaynab bilan topishdik, siz oʻlimingizni kutib shu yerda yotavering», demoqchimidi?» degan xom xayoli haqiqat maqomiga koʻtarila boshladi. «Zaynab endi kelmaydi», degan fikr bu haqiqatga quvvat berdi. Soʻng taqdirga tan berib Zaynabni oqladi: «Tashlab ketishga haqqi bor. Agar shu maraz unga baxt berolsa, baxtli boʻlishga ham haqli!» Elchin shunday toʻxtamga kelishga keldi-yu, biroq, «bir qoʻli bilan jonimni olib, meni baxtsiz qilgan odamga ikkinchi qoʻli bilan qanday baxt tutsin?» degan savolga javob topa olmadi.

Hamshiraning «gapirmasalar ham kerak» soʻzlarini eshitgach «Qani edi, ham kar, ham koʻr boʻlib qolsam», degan armon uygʻondi. Hamshira aytmasa-da, gapirolmasligi uning uchun yangilik emasdi. Uni hushsiz deb oʻylagan doʻxtirning «umurtqa shikastlangan, bir umr harakatsiz yotadi, tildan ham qoladi», deganini eshitgan edi. Shu sababli yoʻqlovchilar kelishi bilan beixtiyor ravishda chalajon kabi koʻzlarini yumib olaverdi. Hech kim yoʻgʻida esa barmoqlarini qimirlatishga urindi. Oyoq panjalari ham harakatga kelganday boʻldi. Gapirmoqchi boʻldi, gʻoʻdiragan tovushini oʻzi ham eshitib, yengil tortdi. «Doʻxtirlarning hamma gaplari bekor», deb oʻzini oʻzi ovutdi. Jamshid kelib ketganidan soʻng Zaynabni kutdi. Hatto «ikkovi birga kelsa fotiha berib yuboraman», deb ham oʻyladi. U qaynotasining «mening eng katta xatoim — seni oʻldirtirmaganim», degan gapini unutmaydi. Shunga koʻra, hali bu ahvolga tushmay turib, «mening eng katta xatoyim shular bilan oʻchakishganim boʻldi, qiziga uylanib, past ketdim», degan fikri qat’iylashgan edi. Bu yerda yotib xushi oʻziga kela boshlagach, bu oʻyindan, bu davradan chiqish yoʻlini izladi. Nazarida birinchi qadami — Zaynabning javobini berish edi. Zaynab koʻnglida iliqlik uygʻota boshlagan boʻlsa-da, «undan ayrilish azobi yuragimni parchalab tashlamas», deb hisobladi. Asadbek olamidan qutulish baxtining saodati xotindan ayrilish parishonligidan ulugʻroq tuyuldi. Zaynabdan ajralish ahdi jon berish hukmi bilan barobar ekanini uning noqis aqli fahm etmas edi.

Elchin uzoq yillar davomida muhabbat olovlari haqida ashulalar aytib yurgani bilan odamlarning qalbini bilmas edi. Ayniqsa ayol qalbining qudratini, undagi ruh toʻlqinlarini his eta olmasdi. U «Zaynab alamzada, meni hech qachon kechirmaydi», deb oʻylab yang-lishmagan edi. Toʻgʻri, Zaynab qalbi toʻridagi umid chinnisini sindirgan, tuproqqa qorgan odamni kechirmas edi. «Muslima kechirimli boʻlmogʻi kerak, Ollohning roziligi uchun gunohidan oʻt, kek saqlash durust amallardan emas»ligini bilganida ham, taqdiridagi mash’um kunlarni unuta olmasdi.

Biroq, unda Elchindan qasos olish rejasi yoʻq edi. To turmushga chiqquniga qadar, aniqrogʻi, «Siz... oʻshami?» deyilguniga qadar unda qasos oʻti mavjud edi. «Otam meni xorlagan yigitni topsalar uni oʻzim oʻldiraman», degan ahdi bor edi. Qiynab oʻldirishning turli yoʻllarini oʻylab, topib ham qoʻygandi. Lekin oʻsha xorlagan odamning qiyshiq barmoqlari nikoh kechasi oʻzini oshkor qilgan damda bu ahdi — qarori boʻgʻildi. Bu ahdga nisbatan «Erga itoat etmoq» degan hayot qonuni ustunlik qildi. Jamshidga boʻlgan muhabbati xurujga kirgan damlarda ham oʻsha itoat qonuniga omuxta boʻlgan erlik juvon hayosi vujudidagi oʻch olovini oʻchirib turdi. Elchin xotiniga xos bu fazilatlarni bilmas, his qila olmas edi.

Shu sababli ham keyingi safar Zaynab yolgʻiz kirib kelganida ajablandi. Yarim ochiq eshikka qarab, Jamshidning qorasi koʻrinishini kutdi. Zaynab erining eshikka tikilib qolganini koʻrib, orqasiga oʻgirilib qaradi. Soʻng hayron tarzda «tuzukmisiz?» deb soʻradi. Elchinning «rahmat» deyishga qurbi yetardi. Biroq, gapirishni istamay, kiprik qoqib «ha» ishorasini qildi. Ular sogʻ paytlarida ham uzoq suhbatlashishmas edilar. Shunda Elchin oʻzida bir mas’uliyat sezib, Zaynabni qiziqtirishi mumkin boʻlgan voqealarni bayon qilib oʻtirardi. Hozir bunday zoʻraki suhbatga xohish ham, quvvat ham yoʻq edi.

Hamshira kirib, bir-biriga tikilib turgan er-xotinning unsiz suhbatini uzdi.
— Ertalab eringizning jiyanlari kelishuvdi. Professorga ham uchrashishdi. «Javob tegadigan boʻlsa olib ketamiz», deyishdi. Professor aytdilarki, buni faqat siz hal qilar ekansiz?

Bu gapni eshitib, Elchinning qalbi bir qalqib tushdi. Oʻzi ham sezmagan holda xotiniga najot koʻzlari bilan qaradi. Yaqinginada xotinining javobini berib, uni Jamshidning ixtiyoriga uzatishni oʻylab yotgan Elchinning yuragi «Yoʻq!» deb faryod urganday boʻldi. Ayni faryod Zaynabning koʻkragini zirillatdi. Chuvrindining xotini «Boyaqish oyoq-qoʻlsiz, tilsiz nima qiladi, bu azoblardan koʻra Xudo jonini ola qolmaydimi?» deganida Zaynab undan ranjigan edi. «Oyoqsiz-qoʻlsiz boʻlsa ham u mening erim-ku?!» degandi. «Endi jiyanlari ega chiqishmoqchimi? — deb oʻyladi Zay- nab. — Ha... xotini tashlab ketadi, xor qiladi, deyishayotgandir-da...» Zaynab xayolida uygʻongan bu fikrni hamshiradan eshitganday, unga norozi qiyofada qa- radi:
— Bu kishi mening erim, bilasiz, a? — dedi zardali ovozda. Bu ovozda Asadbekning ruhi sezilib, Elchin yengil titrab oldi. Zaynab eridagi oʻzgarishni sezmay, hamshiradan, koʻzlarini uzmaganicha gapini davom ettirdi: — Bu kishining uylari bor, oilalari bor. Jiyanlari yana kelishsa shunday deb qoʻying. Ruxsat tekkan kuni oʻzim olib chiqaman. Siz esa... — Endi Zaynabning ovozidagi qat’iylik kuchaydi. — Aytilgan ishni qiling: kasalning oldiga har xil qalangʻi-qa-sangʻilarni qoʻyavermang.

Zaynab «toʻgʻri qilamanmi?» deganday eriga qaradi. Undagi otasiga xos mardlik Elchinning ruhini tamomila parcha-parcha qilib tashladi. Koʻzlari yoshga toʻlib, kipriklari pirpiradi. Zaynab erining bosh tomonidagi stulga oʻtirib olgach, qoʻlidagi tugunni yechdi. Qaynogʻi salgina bosilgan qaynatma shoʻrvadan ichirmoqchi boʻldi. Zaynab «bu kishi mening erim» deganidayoq koʻkragida uygʻonib, boʻgʻziga qadalganicha turib qolgan faryod shoʻrvaga yoʻl berarmidi? Zaynabning zoʻri bilan ikki qoshiqni amallab ichdi-yu, bosh chayqab «ichmayman» ishorasini qildi.
— Doʻxtir «kuchliroq ovqatga oʻtish mumkin», dedi. Ertaga dimlama qilib kelaymi? — deb soʻradi Zaynab.

Hamma erkaklar «oʻldirsa ham palovxontoʻra oʻldirsin», deganda Elchin «taomlarning podshosi dimlama», deb hisoblardi. Ba’zan hafsala qilib ikki kishilik dimlama tayyorlardi. Zaynab shifoxonada yotganida ham faqat dimlama pishirib kelardi.
— Sizchalik shirin pishirolmasam ham urinib koʻraman, — dedi Zaynab jilmayib. Bu jilmayish Elchinning ilinib turgan jonini joyiga qaytardi. U shukrona ma’nosida yengil xoʻrsindi. Shu xoʻrsinish boʻgʻzida tosh kabi tiqilib turgan faryodni yoʻqot- di-yu, Elchin ham xotiniga jilmayish bilan javob berdi.

Zaynab ketganidan soʻng Elchin oʻzini soppa-sogʻ his qildi, oʻrnidan turmoqni, qanot chiqarib uyga qarab uchmoqni istadi.

Tunda esa shirin bir tush koʻrdi: togʻning lolazor bagʻrida Zaynab bilan quvnab yurganmish. Zaynabning qoʻlida shirin bir bola emish. «Bu kimning bolasi?» deb soʻrarmish Elchin. «Oʻzimizniki» — Zaynab shunday deb quvnarmish. «Oʻlik tugʻildi», deyishgandi-ku?» «Sizni aldashgan». Elchin ham quvnab-quvnab yayrabdi...

Uygʻondi-yu, koʻngli yana xiralashdi. Oʻlik tugʻilgan bolasini koʻmgan kuni oʻz-oʻzidan tilga kelgan marsiyani esladi. Elchin oʻsha kuni yolgʻiz oʻzi uyiga qaytib, beixtiyor tarzda qoʻliga tor olgan, oʻziga boʻysunmagan barmoqlari «Girya»ning pardalarini topishni iroda etgan edi. Kuyga monand ravishda yigʻlagisi kelgan, ammo yigʻlay olmagan edi. Oʻshanda «Girya» tinib, undan-da ma’yusroq kuy tarala boshlagan edi, tilidan esa undan-da qaygʻuliroq satrlar uchgan edi.

Ay, bagʻrimni tigʻlagan bolam,

Ay, dunyoga sigʻmagan bolam,

Ay, dunyoning bevafoligin

Goʻdaklikdan ilgʻagan bolam...

Elchin bu satrlar qaerdan quyilib kelayotganini bilmadi. Barmoqlari lozim pardalarni oʻzlari topganlari kabi, til ham zarur satrlarni oʻzi bayon qilardi:

Qaydan kelib, qayga yoʻqolding,

Achchiq-achchiq oʻylarga solding,

Onangning yo mening gunohim

Qay birining kasriga qolding.

Noilasining oʻlimidan soʻng qamoqxonada taqdiri hal boʻlishini kutib yotganida xuddi shunga oʻxshash marsiya quyilib kelgan edi. Xayolida tugʻilgan marsiyaning soʻzlari, kuyi tilga chiqmay, buning evaziga koʻz yoshiga aylanib yonoqlarini yuvgan edi.

Bu safar ham shunday boʻldi. Koʻz yoshlariga singgan marsiyadan yonoqlari kuydi. Uygʻongan dardini esa yana qalbiga dafn etdi.

2

Erining qarindoshlari aytib ketgan gap Zaynabning hamiyatiga tegib, gʻazabini uygʻotdi. U «nogiron erni kim olib ketadi?» degan muammo uygʻonar, deb sira oʻylamagan edi. «Bunaqa notavonni boshimga uramanmi, battar boʻlsin, kim olib ketsa-olib ketaversin. Xudoning oʻzi meni undan qutqardi. Yosh umrimni xazon qilib jinnimanmi, endi xohlaganimga tegaman...» deyish u yoqda tursin, bunaqa bema’ni gaplar hatto xayoliga ham kelmagan edi. Otasi kabi oʻjarlik gʻazab oʻtlarida yonib tursa-da, onasi singari tobelik, erga itoat uning hamishalik yoʻldoshi edi. Toʻgʻri, u Jamshidni sevdi. Ammo hayo qoʻrgʻonidan chiqmadi. Bu tarzda sevmoq ayb emas, balki juvonning oʻzi uchun mislsiz bir azobdir. Qora dorining xumori kuchi bilan Mardona boshlagan botqoqqa qadam qoʻydi, biroq, botmadi. Chunki ona tomonidan ham, ota tomonidan ham yetti pushti toza edi. Kishining aqli bovar qilmas nasl quvvati uni saqladi. Eri oʻlib ketgan taqdirda ham uning ruhi roʻparasida vijdoni qiynalmas edi.

Eri oʻlmay qoldi. Qoʻlsiz, oyoqsiz, tilsiz boʻlsa ham eri bor. Zaynab buning uchun Yaratganga shukr qilmasa ham, xotinlik majburiyati yuzasidan notavon erga qanoat etmogʻi lozimligini bilardi. Bila turib, uni parvarishlashga hozirlik koʻrardi.

Boʻlajak zahmatlarga oʻzini ruhan tayyorlagan damda qandaydir qarindoshlar erini olib ketishmoqchi boʻlishsa? Ularning bu harakatlarini Zaynab oʻzi uchun haqorat deb bildi. «Kimsan, Asadbekning yolgʻiz qizi boʻlsa, erga qaramaydi, xorlaydi» — Zaynabning nazarida ular doʻxtirga shunday deb, oʻz da’volarini asoslashga urinishgan. Juvonning alami aynan shundan edi. «Erimni olib chiqsammi yo yoʻqmi?» deb ikkilanganida ham ularning bu harakatlari, bu gaplari gʻazabini qoʻzgʻotmagan boʻlardi.

Bu gap-soʻzlar boʻlib oʻtganda Manzura Olmoniyada edi. Uning qaytishini sabrsizlik bilan kutayotgan Zaynab hasrat daftarini varaqlab, onasiga dardlarini aytish umidida edi. Akalarini nima sababdandir Moskvada qoldirib kelgan onasi, kelin ayalarining yuzlaridagi ma’yuslik uni bu harakatdan toʻxatdi.

Hasrat daftarining ochilmaganiga yana bir sabab bor edi. Oʻsha kuni erining qarindoshlaridan gʻazablanib, ota uyiga qaytdi-yu, yuragi toshib ketaverdi. Uyga ham, hovliga ham sigʻmadi. Gʻoyibona bir kuch uni shifoxonaga tortaverdi. Shunda otasi ziyofat berganda xizmat qiladigan oshpazni chaqirtirdi-da, dimlama pishirtirdi. Shomga qolmay qaynoq ovqatni koʻtarib, shifoxonaga joʻnadi. Uning nazarida uydagi dimlama pishguncha erining qarindoshlari ishni pishitib, uni olib ketishganday edi. Eri yotgan xona eshigini ochib, uni joyida koʻrguniga qadar yuragi hapriqib ketaverdi.

Hamshira boya tashlab ketilgan qaynatmani isitib ichirayotgan edi. Shu damda Zaynab erini undan-da qiz-gʻandi. Hamshirani chiqarib yuborib, shoʻrvani chetga surib qoʻydi-da, erini dimlama bilan siyladi. Elchinning ovqatlanishidan koʻngli joyiga tushdi. Zaynab lablarini artib qoʻyayotganida Elchin oʻzi ham kutilmaganda «rahmat» dedi. Past ovozda aytilgan bu soʻz Zaynabning quloqlariga ajib bir rohatbaxsh jarang bilan urildi.

Keyin kelganida ham aytildi bu soʻz. Undan soʻng esa eri duduq bola kabi tilga kirib, «Zaynab... ke-chiring...» dedi. Shundan soʻng Zaynabning saodat yulduzi chekinmoqdan toʻxtab, baxtiyorlik osmonida charaqlay boshlagan boʻldi.

Onasi, kelin ayalari kelishganda erining taqdiridan soʻz ochmadi. Manzura «Ering koʻrinmaydimi?» deb soʻraganida «sal toblari yoʻqroq», deb qoʻyaqoldi. Manzura kuyovining qanday xastalik bilan ogʻriganini surishtirmadi. Choʻgʻ tegib qovjiragan soch tolasiday boʻlib qolgan qizining koʻrinishi uni tashvishlantirdi. «Oʻzing tuzukmisan? deb bagʻriga qayta-qayta bosdi. Zaynabning kulimsirab «Yaxshiman, oyi», deyishidan xavotiri bosilib «balki boshi qorongʻudir», deb gumon qildi. Bu nurli gumon xufton dilini yoritib, «eson-omon qutulib olishini» Xudodan soʻradi.

Bulutlar bilan olishib charchagan quyosh ufqqa umidsiz ravishda bosh qoʻydi. Zaynab, tabiat odatiga xilof boʻlsa-da, bu safar quyoshning botmasligini, shom, soʻng xufton kirmasligini istardi. Chunki shom kirishi bilan yoʻqlovchilarning qadamlari uziladi. Soʻng esa shirin soʻzlari, shiringina jilmayishlari bilan Zaynabning xufton koʻnglini yoritayotgan kelinlar hordiq chiqarmoq uchun uy-uylariga kirib ketadilar.

Shunda... Zaynab onasi bilan yolgʻiz qoladi. Uzoq vaqt diydor koʻrishmagan, har daqiqasi sogʻinch azobi bilan oʻtayotgan ona bilan qizning yolgʻiz qolishlari odatda saodat hisoblanadi. Agar onasi yoʻqligida shum koʻrgiliklar balchigʻidan oʻtmaganida balki Zaynab uchun ham shunday boʻlardi. Bu kech esa onasi bilan yuzma-yuz oʻtirish baxtni emas, ruh azobini va’da qilardi. Shubhasiz, onaning sezgir nigohi farzandu arjumandining ich-ichini kemirayotgan dardni payqaydi. Dardga roʻpara qilgan sababni bilmoqni istaydi. Oʻshanda Zaynab nima deb javob beradi? Mardonaning makriga uchraganinimi yo otasiga sharmandali holda koʻringaninimi? Yo otasining arqondan sirtmoq yasaganinimi? Balki Mardonani oʻldirish qasdida borib, uddasidan chiqolmaganini bayon qilib berar?

O, yoʻq! Ona qiz uchun eng yaxshi hamroz boʻlsa-da, dard daftarining bu qora sahifalari unga ochilmaydi. Bu sirni biluvchilardan toʻrttasi tuproq ostida yotibdi. Endi zaqqum daraxtining mevasidan ham achchiqroq boʻlmish gʻam bolini faqat ota-bolagina baham koʻradi. To soʻnggi nafaslariga qadar oʻlchab qoʻyilgan bu gʻam boliga Manzuraning sherik boʻlishini Asadbek ham, Zaynab ham istashmaydi.

Zaynab Elchin tomonidan oʻgʻirlanib, uyga tashlab ketilgach, nima voqea yuz berganini onasiga necha yuz ming azob bilan zoʻrgʻa aytgandi. U voqea qiz uchun sharmandali boʻlsa-da, Zaynabning aybi yoʻq edi. Shunda ham bir necha soʻzni aytguncha qizning tili goʻyo choʻqqa aylanib, kuygan edi. Endi-chi, endi qanday aytadi?..

Sirtmoq yasab, tashlab chiqqan otasi qaytib kelib, uni bagʻriga bosgan, bu bilan gunohidan oʻtganini ma’lum qilgan boʻlsa ham, Zaynab oʻzini oʻzi kechirolmas edi. Uzoq yillar Kumush boʻlishni orzu qilgan qiz, soʻng esa kitobdagi Zaynabdan ham battarroq ahvolga tushgan baxtsiz juvon oʻz taqdirining tushunuksiz satr-laridan hayronu lol qolardi. «Oʻlayin desam oʻlim olmasa, hech boʻlmasa Zaynabga oʻxshab aqldan oza qolmaymanmi?» deb oʻylardi. Keyin... uning siniq koʻngli bir toshga duch kelishni istadi. Toshga qarab: «Yorilgin tosh, yoriltoshim yorilginey, men bagʻringda panoh topayin», desa-yu, tosh uning iltijolariga chiday olmay yorilsa-da, yoriltosh quchogʻiga kirib, oʻtkinchi dunyo oʻtgunicha unda qolib ketsa... Yoshlik sururi tuproqqa qorilgan, Kumushbibi emas, «Tuproqbibi» «martabasi»ga yetgan juvon endi bolalik umidlaridan panoh izlardi. Umidlari puch ekanini bilsa-da, gʻoyibdan moʻ’jizali panoh kutardi.

Bir donishmand hayotni tumshuq tomoni yirtilib, ogʻzi ochilib qolgan etikka oʻxshatgan ekan. Etik och odam kabi ogʻzini ochib turgani bilan unga birov taom bermaydi. Aksincha, mensimay tepib oʻtadi. Oʻsha etikni baxtga tashna odamga ham oʻxshatish mumkindir... Har holda Zaynabning hayotdan baxt kutishi shu holatni eslatadi. U gʻoyibdan oʻz saodatini kutardi. Gʻoyibdan keluvchi «sening baxting otangning nafsi uchun qurbon boʻlgan», degan sadoni eshitmas, eshita olmas edi.

Oʻzigina emas, otasi, onasi ham eshitmas, eshita olmas edilar. Chunki gʻoyibning bu kabi ovozlarini hidoyat yoʻlidagilargina eshita olishlari mumkin... Hidoyat yoʻlidagilar esa farzandlari baxtini oʻz nafs-lari yoʻlida qurbon qilmaslar.

Zaynab xavotir bilan kutgan kech sel kabi yopirilib kirdi. Mehmonlar tarqalishdi. Manzuraning izni bilan kelinposhshalar yotoqlariga yoʻnalishdi.

Kelin ayalarini kuzatgan Zaynab mehmonxonaga qaytib, divanda oʻtirgan onasining yonidan joy oldi-da, erka qizaloq kabi uni quchdi. Koʻkragiga bosh qoʻydi. Manzura qizining sochlarini silab, oʻpdi.

Kun boʻyi quyosh eplolmagan yumushni kechki shamol oppa-oson hal qildi: bir ozgina yomgʻir yogʻishga imkon bergach, soʻng bosh koʻtarib, bulutlarni haydab osmonni tozalab qoʻydi. Qizining sochlarini silab oʻtirgan Manzura deraza osha osmonga qaradi-yu, yengil xoʻrsinib «Yetqizganingga shukr», deb qoʻydi. Zaynab boshini koʻtarib, onasining koʻzlariga boqdi.

Yaratgan Olloh onalarning mitti qalbi, qalbidan-da koʻra mittiroq koʻzlarini oʻziga xos bir qudrat va ajib moʻ’jiza bilan behad chidamli qilib yaratgan. Agar Tangri taoloning bu moʻ’jizasi boʻlmasa dunyoga sigʻmagan gʻam-tashvish mitti yurakka, yurakdan-da mittiroq koʻz qorachigʻiga sigʻarmidi...

Manzura shu paytga qadar koʻrguliklardan birovga hasrat qilmagan. Aytgandamidi, hasratini eshitgan odam, unga dushmanlik ahdida boʻlsa ham, achinib, «bundan koʻra kelinlik chogʻingizdayoq eringiz qimorga yutqizib yubora qolsa ming marta yaxshi edi, bunchalik koʻp azob chekmasidingiz», demogʻi shubhasiz edi.

Hozir ham qizi onaning koʻzlari tubiga yashiringan tashvish vulqonini koʻrmadi. Onasining yengil xoʻrsinib qoʻyish sababini bilmay:
— Hm, oyi? — deb soʻradi.
— Yangi Oy chiqibdilar, — dedi Manzura, deraza osha osmonga qarab. — Oʻzlariga tinchlar, elga notinch... Xudo saqlasin hammamizni.

Manzura shunday degach, qoʻllarini fotihaga ochib, pichirlaganicha uzoq duo qildi. Oy yangilanganida onasining «Yangi Oy chiqibdilar», deb sizlab gapirishi, soʻng duo qilishi Zaynab uchun yangilik emas. Bunday holatni kichikligidan koʻraverib, duo faqat hilol koʻringanida qabul boʻlarkan, mavhumlikka emas, aynan hilolga topinmoq kerak ekan, degan yanglish oʻyda, u ham ba’zi-ba’zida Xudodan soʻraydiganlarini soʻrab olardi. Hozir ham unsiz ravishda onasiga qoʻshildi.

Duodan soʻng Zaynab onasining savolga tutib qolishidan choʻchib «U yoqning toʻyi qandoq boʻlarkan, aytib bering», deb qistadi.

Toʻy manzarasi tushirilgan videokassetaning Moskvada qolgan jomadonlarda ekanini eslagan Manzuraning koʻngli xiralandi-yu, ammo parishonligini qiziga sezdirmaslikka intilib, taassurotlari bayoniga berildi.

Zaynab xavotir bilan kutgan noxush holatdan shu taxlitda qutulib qoldi.

3

Choʻlponoy ham, Mushtariy ham ota-onalarining ta’riflariga koʻra, «Sovet Ittifoqi» deb atalmish mamlakatni ertaklarda tasvir etilgan qizil ajdaho saltanati kabi deb bilar edilar. Ota-onalarining Vatani boʻlmish yurtini bosib yotgan bu ajdahoning boshlarini uzguvchi bir bahodir chiqarmikin, deb ular ham orzu qilar edilar. Faqat suratlarinigina koʻrgan bu yurtga ularning dillarini qandaydir bir kuch tortib turardi. Bir kuni dadalari hasratli ohangda:
— Yulduzlarim, kindik qonlariniz buraya toʻkilmish oʻlsa-da, chin Vatanlaringiz Oʻzbekistondir. Oʻzbekiston — bizim galbimiz, bizim umidimiz yulduzidir. Olloh jannatdan bir ulush olib, bizim ajadodlara Vatan qilib vermish ekan. Bu Vatan — Oʻzbekistondir. Manda tunda Vatan, deb koʻz yumiyurman, subhi sodiqda esa yana Vatan, deb koʻz ochiyurman. Ollohning nomidan soʻng eng suyukli soʻz men uchun Vatan — Oʻzbekiston! Vaqti kelibkim, barcha soʻzlarimni yoddan chiqarsalaringizda, mening bu soʻzlarimni unutmakdan tiyiliniz, — degan edi.

Muzaffarxon Vatanga yoʻl koʻrsatar, degan umidda yoʻlchi yulduz — tong yulduziga umid qilib, qizining ismini Choʻlponoy qoʻygan edi. Qizlar bularni bilishardi. Bilishgani uchun ham Oʻzbekistonga kelin boʻlib borajaklari haqidagi xabarni bir oz xavotir, ayni damda jindek shodlik ila kutib oldilar. Ularning xavotirlari qizil ajdaho egallab yotgan yurtga borishdan boʻlsa, shodliklari «bizim bahonamiz ila ota-onamiz Vatanga yetishurlar, yulduzlari chindan-da chaqnar», degan oʻyda edi. Boʻlajak kuyov bolalar bilan tanishib, gaplashishgach, xavotirlari ancha chekindi. Boʻlajak qaynotalarini qanday yumushlar bilan band ekani, Tangri bu yumushlar evaziga qanday ajrlar tayyorlab qoʻygani, ular uchun shubhasiz mavhum edi.

Bu yoruq olamda yashab turgan odam, istiqomat yeridan, sigʻinayotgan dinidan qat’i nazar, biron joyga bormoq istasa, aqli yetgan darajada rejalar tuzadi. Biroq, Ollohning istagi tamoman oʻzgacha boʻlmogʻi mumkinligini oʻylab koʻrmaydi. Gʻofil banda moʻljalidagi tadbiru rejalari amalga oshmasa-da, yana oʻz aqlining mahsuli boʻlmish tadbirlaridan umid qilaveradi. Donolar deb ekanlarkim: «Qul tadbir oladi, biroq, taqdirning qaysi markazda boʻlishini bilmaydi. Tadbir esa Yaratganning taqdiri roʻparasida mahv etilajakdir».

Vatan havosining gadosi Muzaffarxon ham, Guluzor begim ham oʻz tadbirlaridan baxt kutgan nodon qullardan edilar.

Roviylar derlarkim: Ibrohim Adham Balhda podshohlik martabasida ekanida ovga chiqib, bir jayron izidan ot solibdi. Jayron bechora qochaveribdi, u esa quvaveribdi. Ot charchab, holdan toygach, jayron toʻxtab, inson singari tilga kirib, debdiki: «Quvishni bas qilsang-chi, ey gʻofil banda! Sen bu ish uchun yaratilmagansan. Seni Olloh meni ovlamogʻing uchun bor etmadi. Menga yetib olib, ovlagan taqdiringda nimaga yetishasan?» Bu gapni eshitgan Ibrohim Adham haqiqatni anglab, podshohlik liboslarini choʻponlik kiyimlariga almashtirgan ekan.

Afsus shuki, bu haqiqatni anglamak baxti ham barchaga nasib etavermaydi.

Ota-onalarining tadbirlari tufayli baxtga yetishajaklariga ishongan ikki qiz charchagan boʻlishlariga qaramay uxlay olishmadi. Oy nurida yaltillagan shilliq qurtdan quyosh yasab boʻlmaganidek, ota-onalarining tadbiridan baxtga yetisholmasliklarini anglab yetmagan qizlarning har biri boʻlib oʻtgan voqealarni oʻzlaricha tahlil etardilar. Qizlarini koʻzlarining ikki gavhari singari avaylagan Muzaffarxon ularga yuqori maqomda odob bermoq maqsadida islomni qabul qilgan nemis ayolini tarbiyachilikka yollagan edi. Fizika ilmidan e’tiborli olimalardan hisoblangan frau Xelga islomning ilmiy moʻ’jizalari bilan tanishgach, universitetdagi vazifasini tark etgan, hatto ismini «xonim Xadicha» deb oʻzgartirgan edi. Tarki dunyo qiluv niyatidan uzoq boʻlmish bu ayol ilmdagi yolgʻon, notoʻgʻri yoʻnalishlardan yiroq yurmoqni istagan edi.

Muzaffarxon ham zamonni, ham islomni biluvchi ayolning qizlariga tarbiya bermogʻini orzu qilardi. Bu muammoni doktor Xudoyor osongina yechib berdi. Ota-ona bir, hatto tarbiya mezoni bir boʻlgani bilan qizlarning fe’llari ayri-ayri edi. Choʻlponoy ruhan xonim Xadichaga yaqin edi. Uning soʻzlarini hamisha butun jonu dili bilan berilib tinglardi. Uning har bir gapini hatto haqiqat tarzidan qabul qilardi. Mushtariy esa, aksar hollarda bu gaplarni zerikish azobi bilan tinglardi.

Asadbekning xonadonida, kelinlik koʻshkida birinchi tunni oʻtqazayotgan opa-singillarning xayollari olgan tarbiyalariga monand ravishda edi. Choʻlponoy kuyov toʻralarning Moskvada olinib qolinishlarining asl sababini bilmasa-da, bu harakat zamirida zulm yotganini aqli bilan his etardi.

Choʻlponoy boylik baxt emasligini yaxshi tushunardi. Xonim Xadichaning «Ulugʻ Olloh Fir’avnga toʻrt yuz yillik umr, mol-mulk, shohlik va uning boshqa turli orzulari adosini nasib etdi. Bularning barchasi farogʻat emas, balki uni Olloh huzuridan uzoqlashtirgan narsalar edi. Fir’avnga hatto bosh ogʻrigʻi ham berilmadiki, oqibat u Haqni eslamay oʻtdi. U oʻz murodi bilan band boʻldi va Yaratganni xotirlamadi», deganlarini tez-tez yodlaydi, har eslaganida yangi ma’no uqadi. U boylikni atrofi parishonlik ummoni bilan oʻralgan ojiz orol deb bilib, bu orolning qachondir choʻkib, yoʻq boʻlib ketmogʻi tayin ekanini ham anglaydi. Orol choʻkib ketmagan taqdirda ham, undagilar parishonlik ummonida tez-tez choʻmilarlar, bu suvdan icharlar. Balki jon berar onlarida ham lablariga ana shu parishonlik ummonining afsus suvidan tomizarlar...

Opa-singil bir-biroviga tunning xayrli oʻtmogʻini tilab, uy-uyiga kirgach, oʻzlarini olam aro yolgʻiz qolgandek his etdilar. Bundagi hamma narsa ular uchun begona edi. Bu yaltiroq pardalarni, serhasham qandillarni, javon toʻla idish-tovoqlarni Ovrupo tarbiyasini olgan qizlarning didlari hazm qilolmas edi. Ortiqcha hashamsiz, latiflik ila uy tutishga koʻnikkan qizlarga bu uydagi bezagu anjomlar ogʻir yukday tuyulib, xuddi boshlari ustiga bostirib kelayotganday boʻlaverdi. Ham bu ogʻirlik, ham yolgʻizlik ularni dastlabki ondanoq siquvga oldi. Xonim Xadichaning tarbiyasiga koʻra, ular zerikkan daqiqalarida kitob bilan hamroz boʻlardilar. Ularning xonalaridagi javon bezaklar bilan emas, turli tillarda, turli mamlakatlarda nashr etilgan kitoblar bilan band edi. Opa-singillarning oʻzlari uchun ajratilgan kelinlik xonalariga kirgandagi dastlabki ajablanishlari ham javonda birorta kitob yoʻqligi boʻldi.

Qizlar lozim boʻlganda ruhlariga dalda beruvchi kitoblardan besh-oʻntasini olvolgan edilar. Ammo hozir, yolgʻizlik omburiga mahkum onlarida xaloskor boʻla olguvchi bu kitoblar erlari bilan birgalikda Moskvada qolgan...

Choʻlponoy bir oz yengil tortish maqsadida ichkariga kirib, yuz-qoʻlini muzdek suvga yuvib chiqdi. Xonaning chirogʻini yoqmay, deraza pardasini surdi. Shunda koʻzlari samodagi hilolga tushib, «alhamdulillah!» deb pichirladi. Xuddi sogʻingan kishisiga yetishganday, uch kunlik Oyga suqlanib boqdi. «Bu yerning osmoni biz tomonlardan tamizroq, tiniqroq ekan, — deb oʻyladi u. — Oyning nuri-da, yulduzlarning nurlari-da tamizroq. Odamlari-da shunday boʻlsin, inshoolloh» Choʻlponoy yana bir oz osmonga maftun holda tikilib turgach, singlisining huzuriga oshiqdi.

Tungi chiroqni yoqib, yumshoq oromkursida oʻtirgan Mushtariy opasining kirib kelishidan quvonib ketdi.
— Bu ne holki, aqlim lol, — dedi u oʻrnidan turib. — Ayriliq kishani urilgan mahkuma martabasiga yetushmagimiz muborak oʻlsun.
— Zinhor! Aqlingiz lol-u hayron boʻlmasin, yulduzim, — dedi Choʻlponoy, singlisini xuddi onasi kabi erkalab. — Beri keling-chi, koʻkka bir boqing-chi...

Bu xona derazasidagi parda ham surilib, Mushtariy hilolga opasi singari sogʻinib boqdi. Soʻng xuddi oʻziga oʻzi gapirayotgan devonavash singari pichirladi:

Jon qasdi koʻp etti yor hijroni manga,

Xirmon oʻqin urdi ulchi imkoni manga,

Gar boʻlsa mute’ charx davroni manga

Yetkursa men ul oygʻa yo oni manga.[1]
— Bale, yulduzim! — Choʻlponoy yengil qarsak chalib, singlisini olqishladi. Bu olqish aynan Guluzor begimniki edi. Qizlarini maqtagisi kelsa shunday deb, yengil qarsak chalib qoʻyardi. Choʻlponoy uylarida ba’zan atayin, ba’zan beixtiyor taqlidan ravishda onasining gaplarini aytib, qiliqlarini takrorlab turardi. Mushtariy uyda bunga e’tibor bermas edi. Hozirgi ahvolida onasining erkalashlari yodiga tushib, bir entikdi-yu, opasini yengil quchib, yelkasiga boshini qoʻydi.
— Tinglang-chi, yulduzim, hilol biza bir shirin xabar shivirlaydir, — dedi Choʻlponoy singlisining sochidan oʻpib. — Bu xabardin ayriliq zindonida tut-qun boʻlganlar taskin topgaylar.

Mushtariy bir oz jim turdi. Xuddi sukunatga quloq tutib opasi aytmoqchi, hilolning shivirlashlarini eshitgandek boʻldi. Soʻng boshini koʻtarib Choʻlponoyga tikildi:
— Olloh, Olloh, ayriliq shomining zimziyoligi qanchalar dilni xuftonu jonni sargardon etguvchi emish.

Choʻlponoy singlisining dardli gaplarini eshitib, kulimsiradi-da, qoshlari, yuzlarini silay turib, dedi:
— Vah, vah! Visol tongining ravshanligi qanchalar dilga yoqimligu jonni quvontirguvchi emish...

Mushtariy oʻzini majburlab jilmaydi-da, joyiga qaytdi. Opasidan ilgariroq oʻtirib, hurmat qoidasiga xilof qilganini angladi-yu, chaqqon turib, Choʻlpon-oyga uzrli nigoh bilan qaradi. Choʻlponoy singlisining yoniga oʻtib oʻtirgach, Mushtariy yengil xoʻrsindi:
— Koʻnglim bir qahva istar. Bunda bir xizmatkor bormi ekan? Zaynab xonimdan soʻramagimiz lozim edi.
— Picha sabr eting, yulduzim. Darrovda biron nimarsa soʻramagimiz odob sanalmas.
— Ajoyib qiziq qurilmish bu uylar. Sayr qilmoqqa bogʻ hech yoʻqtur. Odamlari-da ajoyib qiziqdurlar. Oʻtirarlar, taom yerlar, soʻngsiz gapirarlar. Gapira-gapira charchamaslar, taom yeya-eya toliqmaslar, uzoq vaqt oʻtira-oʻtira hormaslar. Koʻrdimki, musulmon yurt boʻlsa-da, bunda namoz qilmaslar.
— Bu menga-da ajab tuyuldi. Nasroniy yurtda namoz qilmaslik bizim uchun ayb edi, bunda ayb emas koʻrinadur. Bu sizning uchun muddaoning oʻzi emasdurmi, deb xavotir qilurman.

Mushtariy opasidan farqli oʻlaroq, uyda ekanida namozga koʻp ham e’tibor bermas, hushiga kelsa oʻqir, boʻlmasa yoʻq edi. Choʻlponoy hozir uning shu odatiga shama qilib, ayyorona kulib qoʻydi. Umr yoʻldoshlarining doktor Xudoyor ta’sirida oʻsha yerda namozga oʻrganganlari, ularning ham ibodatda sobit emasliklarini ular ham bilmas edilar.

Asadbek oʻgʻillari bilan mehmonxonada tong ottirgan azobli kechada uning xonadonida ona va qiz, opa va singil dunyoning shoʻrishlaridan parishon oʻtirishgan edi.

Ertasiga qaynotalariga salom berayotganlarida suyuklilariga oʻgʻrincha qarab olishgach, koʻngil osmonida quyosh charaqladi.

4

Dastlabki kunlardagi keldi-ketdilar kamaygach, opa-singillar zerika boshladilar. Abdusamad bilan Abdulhamid sogʻingan oshnalari bilan choyxonalardagi oʻtirishlarini boshlab yuborishgach, ular avvaliga ajablanishdi. Soʻng bu yerlarning odaticha «er-xotin birgalikda sudralib yurmasliklarini» bilib, afsus chodiriga oʻralgancha bunga ham koʻnikishdi.

Ular uchun bu xonadonda birdan-bir yupanch — Zaynab edi. Erlari oshxoʻrliklarga ketgan damlarda ular Zaynab bilan shahar sayriga chiqdilar. Elchinni ham yoʻqladilar.

Bir kuni choy ichishib oʻtirishganda Mushtariy:
— Zaynabxonim, siz biza kutubxonangizi koʻrsatmaysiz? — deb qoldi.

Zaynab onasi bilan koʻz urishtirib olib, javobga taraddudlandi. Chunki kiyim-kechagu bezaklardan kam-koʻsti boʻlmagan bu juvonning kutubxonasi yoʻq edi. Toʻgʻri, u kitob oʻqirdi, ba’zan dugonalari maqtagan asarni uch-toʻrt kunga soʻrab olardi, ba’zida esa oʻzi ham xarid qilardi. Uydagi kitobni birov olgani, qaytib bermagani bilan ishi yoʻq edi. Kitoblarni toʻplab, kutubxona shaklida tartib berishni esa oʻylamasdi. Kelin ayasining savolidan shu sababli ham xijolat boʻldi. Oʻzini mutolaasiz, johil qilib koʻrsatib qoʻymaslik uchun:
— Kutubxona narigi uyimda, — deb ogʻir vaziyatdan qutuldi.
— Soʻramakka ijoza vering, Zaynab xonum, mumkinmikin bilmagimiz: bunlarda qaysi bir kitob choʻx sevilib oʻqiyulur?

Bu savolga javob tayyor boʻlishiga qaramasdan Zaynab «aytaveraymi?» deganday onasiga qarab oldi. Manzura bu qarashni boshqacha tushunib, «yoshlarning gaplariga halal bermay», degan fikrda oʻrnidan turib, chiqdi. Qaynonaning hurmati yuzasidan oʻrinlaridan turishgan kelinposhshalar joylariga qaytishgach, savolga javob kutib, Zaynabga qarashdi.
— Katta-yu kichik «Oʻtgan kunlar»ni yaxshi koʻrib oʻqishadi, — dedi Zaynab.
— O, choʻx goʻzaldir bu! — dedi Choʻlponoy quvonib. Soʻng quvonchi sababini izohladi: — Men ayni shundaydir, deb mulohaza qilib edim. Bu goʻzal rumonni oʻzbeklarning choʻx suymasliklari mumkin emasdir.
— Siz... oʻqiganmisiz? — deb ajablanib soʻradi Zaynab.
— Choʻx-choʻx marotabalab, — dedi Mushtariy suhbatga qoʻshilib. — Unda zikr etilmish satrlar xayolimizga-da muhrlanmish.
— Siz kitobni nardan oldiniyiz, deb ajablaniyursizmi? — dedi Choʻlponoy. — Bizim bir vatandosh vordur, ism-nasablari Joʻra Boʻtakoʻz. Eshitganiyiz vormi?

Zaynab bunaqa odamni eshitmagan edi, yoʻq, ma’-nosida yelkasini qisib qoʻya qoldi. Choʻlponoy bu kishini oʻzi koʻrmagan, shunday millatparvar vatandoshlari borligini otasidan eshitgan edi. Hozir ana shu hikoyalarni bayon qilib berdi. Joʻra Boʻtakoʻzning bu kitobga gʻoyat mehri balandligi tufayli «Oʻtgan kunlar»ni barcha vatandoshlarim oʻqisin», degan maqsadda arab alifbosida nashr qildirganini, buning uchun Istanbuldagi mehmonxonasini sotib, barcha mablagʻini bosmaxona xarajatlariga sarf etganlarini, noshir istab Eronu Pokistonga qadar borganlarini hayajonli tuygʻu bilan aytdi. Opa-singilga millat ravnaqi yoʻlidagi ulugʻ fidoyilik va joʻmardlik boʻlib tuyulgan bu vo-qeani Zaynab oddiy ish sifatida qabul qildi. Choʻlponoyning hayajonli hikoyasini ehtirossiz tarzda tingladi. Xonadonida ham, oʻqishda, dugonalari davrasida ham millat taqdiri, Vatan ravnaqi haqida soʻzlar eshitmagan, «Vatanni suymak», degan tarbiya mezonidan uzoq boʻlgan Zaynab bu voqeadan kelin ayalari kabi iftixor eta olmasdi. Chunki uning uchun Vatanni sogʻinib yashash hissi begona edi. Millat uchun borini berish, hatto jondan kechish ham bir baxt ekanini u qaydan bilsin? Uning uchun baxt — Kumushbibi kabi suyganiga yetishmoq edi. Yetisholmaganini baxtsizlikka yoʻydi. Bu olam aro bundan-da koʻra ulugʻroq baxt, bundan-da koʻra oʻlchovsiz bebaxtliklar borligini u tasavvur eta olmasdi. Shaxs tashvishidan tashqari millat qaygʻusi degan fazilatlar borligini Zaynab birovlardan koʻp martalab eshitsa-yu, his qila olmasa, uni ayblash oʻrinli boʻlardi.

Yaxshiki, kelinposhshalar Vatan taqdiri, millat qaygʻusi haqida ota-onalaridan eshitganlarini aytib, Zaynabdan bu borada fikr soʻrab, uni ogʻir ahvolga solishmadi. Choʻlponoy Joʻra Boʻtakoʻzning sarguzashtlarini aytib ado qilgach, samimiy tarzda dedi:
— Bunlarning qizlari xuddi Kumushbibi kabi, xuddi Ra’no xonum kabi choʻx goʻzal emishlar. Bunda har bir xonumqiz bir Kumushdir, bir Ra’nodur. Bizim yashaganimiz Olmoniyada na bir Kumush vordur, na bir Ra’no. Mirzo Anvarkim, bejiz bayt bitmamishlarkim:

Agar Farhodning Shirin, boʻlsa Majnunlarning Laylosi,

Nasib oʻlmish menga gulshan aro gullarning Ra’nosi.
— Ofarinlar, tashakkurlar! — Mushtariy yayrab kulganicha yengil qarsak urdi. — Soʻng opasini quv-vatlash maqsadida gap qoʻshdi: — Bunda koʻrdimki men, har bir xonimqiz Kumushdir, vale har yigit bir Farhoddir, bir Qaysdir. Bobur mirzomni eslaymizmi:

Qani Layli bila Shirinkim, alardan ishq oʻrgansang,

Qani Farhod ila Majnunkim, alargʻa ishq oʻrgatsam.

Zaynab bu baytning aytiluvidan maqsad — akalarini alqash ekanini anglab, jilmaydi.
— Rumonni mutolaa etivum jarayoninda Kumush qanday qiz ekan, deb choʻx oʻyga tolurdim. Sizni koʻrdim va dedimki: ana, Kumush!

Zaynab bu gapdan soʻng boshini egdi. Kelin ayalari uning bu holatini iymanishga yoʻyishdi. Lekin kutilmaganda Zaynab past ovozda:
— Kumush oʻlgan... — dedi.

Opa-singillarga bu gap ogʻir ta’sir etib, bir-birlariga savol nazari bilan qarab olishdi.

Suhbatni shu holda uzilishini istamagan Choʻlponoy:
— Kumushbibi jisman oʻlmishlar. Bibiyimiz muhabbatlari tirikdir, oʻlmasdir. Uning tuygʻulari siz ila bizda yashar, — dedi-yu, bu gapi bilan Zaynabning yuragidagi yarani tirnab, tuz sepdi. Zaynabning tirnalgan qalbi yarador qush singari potirab, joni boʻgʻziga qadalgandek boʻldi. Undagi oʻzgarishni opa-singillar sezdilar. Mushtariy «nojoʻya soʻz aytdingiz», degan ma’noda opasiga tanbeh nazari bilan boqdi-da, oradagi noqulaylik tutunini tarqatmoq niyatida «Men qahva tayyorlayin-chi», deb oʻrnidan turdi. Tashqariga chiqish bahonasini qoʻldan bermaslik uchun Zaynab «Oʻzim tayyorlayman», deb chaqqon turdi. Ammo kelinposhshalar bunga yoʻl bermadilar. Mushtariy chiqib ketgach, Choʻlponoy qayinsinglisidan «Oʻtgan kunlar»ni oʻqish uchun berib turishini iltimos qildi. Kitob bu yerda emas, Zaynab narigi uyiga olib ketgan edi. Elchinni koʻrib, shifoxonadan qaytayotganida uyiga atay borib, kitobni qidirdi. Topolmadi. Kimga berganini ham eslolmadi. Shundan soʻng dugonalariga bir-bir qoʻngʻiroq qilib soʻradi. «Oʻzingda yoʻq, olamda yoʻq», deganlaridek, kitob tanishlaridan ham topilmagach, bir-ikki kundan soʻng kutubxonadan olib kelib berdi.
— Bu kitobning xaridori koʻp. Dugonamga beruvdim, u yana bittasiga beribdi. Kitob shu zaylda oyoq chiqarib, yurib ketgan, qaerdaligi noma’lum, — dedi hazil ohangida.

Muzaffarxon bir kunmas bir kun Vatanga qaytishiga ishongani uchun qizlariga ruslarning alifbosini ham oʻrgatgan, kitoblar olib kelib bergan edi. Shuning uchun ham Choʻlponoy kitobni oʻqishda qiynalmadi. Uch kundan soʻng kitobni Zaynabga qaytarib bera turib:
— Ajab hol, — dedi.

Zaynab nimasi ajablanarli ekan, deb hayron boʻldi.
— Ajab holki, — dedi Choʻlponoy yana ta’kidlab,— kitobda choʻx sahifalar yoʻqtur.
— Birov yirtib olibdimi? — dedi Zaynab afsuslanib.
— Sahifalar oʻzlarining oʻrnidadir, ammo nashrda choʻx gaplar yoʻqtur. Biz Yusufbek hojimning soʻzlarini yuraklarimiz koʻzlari ila oʻqib, xayolimizga muhrlab olgandirmiz, — Choʻlponoy shunday deb, kitobni varaqlab, bir yerda toʻxtadi: — Mana bunda yoʻqtur u gaplar, — Choʻlponoy bir oz oʻylanib turdi-da, kitobga kiritilmay, tushirib qoldirilgan satrlarni yoddan oʻqidi: — «Burodarlar! Oʻrus oʻz ichimizdan chiqadirgʻan fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qoʻr toʻkib yotibdir. Shunday mahshar kabi bir kunda biz chin yovgʻa beradirgan kuchimizni oʻz qoʻlimiz bilan oʻldirsak, sen falon, deb qirilishsak, holimiz nima boʻladir? Bu toʻgʻrida ham fikr qilgʻuvchimiz bormi? Kunimizning kofir qoʻligʻa qolishi toʻgʻrisida ham oʻylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik koʻrib qoʻygʻanmizmi?!

Hoji oʻzini tutolmay, koʻz yoshisini oq soqoliga quyib davom etti: — Mana burodarlar! Siz oʻz qipchogʻingiz uchun qabr qazigʻan fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadilar. Biz qipchoqqa qilich koʻtarganda, oʻrus bizga toʻp oʻqlaydur. Siz dunyoda oʻzingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni koʻrsangiz, men boshqa yovni har zamon oʻz yaqinimgʻa yetkan koʻraman! — dedi va roʻymoli bilan koʻz yoshisini artib, oʻrnidan turdi...»

Shu yerga kelganida Choʻlponoyning ovozi titradi. Devorga osigʻliq eroniy gilamda xuddi Yusufbek hojining siymosi tasvirlangandek tikilib qoldi. Soʻng dedi:
— Dadam aytib edilarkim, millatning xorligi ayni oʻsha harakatdan boshlanmish ekan. Millatning ittifoqda sobit emasligi oʻz boshiga qaygʻu solmish ekan... Kitobda esa bunlar yoʻqtur...

Choʻlponoy boshqa gapirmadi. Kitobni Zaynabning qoʻliga tutqazib, oʻzi iziga qaytdi. Kitobdan tushirib qoldirilgan satrlar, sahifalar taqdiri uning uchun sir boʻlib qolaverdi.

XI bob

1

«Ishtonsizning hadigi choʻpdan», deganlaridek, Asadbekning har bir qarashi Kesakpolvonning nigohiga zirapchadek sanchilardi. Asadbek bilan Xongireyning nima haqda, qanday tarzda gaplashganlari unga noma’lum. U faqat suhbat natijasini biladi: Asadbek chekingan, boʻyniga magʻlublik kishanini solib qaytgan. Bu kishanning bir uchi Xongireyning qoʻlidami yoki Kesakpolvonga tutqaziladimi — buni bilmaydi. «Oshna, boʻlar ish boʻlibdi, endi chetga chiqa qol, oyoqlarim ostida oʻralashmay tur», deydimi yo Asadbekning oʻzi «Haydar oshnam, endi sening oshigʻing olchi turibdi, bu yogʻiga katta-katta bosaver», deb boʻynini egadimi — buni ham bilmaydi. Har holda Asadbek boʻyniga arqon bogʻlansa koʻzlarini javdiratib turuvchi axta qoʻchqor emas, bunday demasligiga Kesakpolvonning aqli yetib turardi. Gapni oʻzi boshlasa balolarga qolishiga ham fahmi yetardi.

Asadbek qabristonga borib kelganidan soʻng u ketishga bahona izladi. Ashulachi kelib, xirgoyisini boshlagach, sobiq xoʻjayini, boʻlajak tobeidan ruxsat soʻrab, koʻchaga chiqdi. Asadbek bu safar odatiga xilof ravishda uni darvozaga qadar kuzatib chiqib «Rahmat, oshnam» deb, uni hayrat toʻriga chirmab qoʻydi. Shu paytga qadar Kesakpolvonni bu xonadonda birov kutib olmagan, birov kuzatmagan. U oʻz uyiga qanday kirib-chiqsa, bu yerda ham oʻzini shunday erkin tutardi. Asadbek kuzatib chiqib «oshnachiligimiz shu onda, shu ostonada nihoyasiga yetdi, endi sen begonasan», demoqchi boʻldimi?

Asadbekda bunday fikr yoʻq, beixtiyor tarzda kuzatgan boʻlsa-da, Kesakpolvon uning harakatini begonalik sari qoʻyilgan dastlabki qadam deb bildi. Koʻngil xiralashganicha mashinaga oʻtirganida Qozi unga kutilmagan yangilik aytdi:
— Qozixonada sizni maskovlik mehmon kutib oʻtirganmish.

Bu xabar Kesakpolvonga xush yoqdi. «Yaxshi, Xongirey odam yuboribdi. Bek bilan boʻladigan oldi-berdini oʻzi eplashtirib tashlaydi», deb oʻyladi.

Shu kayfiyatda qozixonaga kirgan Kesakpolvon Selimni koʻrib, tarvuzi qoʻltigʻidan tushgan odamday ajablandi. Shu sababli qisqa salom-alikdan soʻng dabdu-rustdan:
— Seni kim yubordi? — deb soʻradi.
— Xongirey, — dedi Selim. — Sizga aytishmadimi?
— Yoʻq. Xongirey bilan qanaqa aloqang bor, sening?
— Aka-ukachiligimiz bor, — dedi Selim faxr bilan. Hozir u kechagina Xongireyning huzurida pusib, qaltirab turgan Selim emas, balki oʻzidan bir necha pogʻona pastdagi tobedan lutfini darigʻ tutmay gaplashayotgan xoja martabasidagi odam edi. «Vaqti kelsa burgani ham taqalab bera olaman», deb oʻylovchi Selim yolgʻon gapi bilan Kesakpolvonni jilovlab olmoqchi edi. Kesakpolvon «qanaqasiga aka-ukasan, Hosil «pisht» desa dumingni qisib turishingni bilmasmidim, Akademikning doʻpposlaganini eshitmaganmanmi?» deb maydalashib oʻtirmadi, Selimning gapiga ishonganday boʻlib:
— Xongireyni qachon koʻruvding? — deb soʻradi.
— Uch kun avval.

«Demak, Asad bormasidan oldin koʻrishgan. Bu hech nima bilmaydi», deb oʻylagan Kesakpolvon Selimni sinayotgandek tikilib turib soʻradi:
— Xongirey nima uchun seni menga yubordi? Men kichkina bir odam boʻlsam. Bu yerlarning xoʻjayini bor?
— Sababini Xongireyning oʻzidan soʻraysiz. Mening bilganim shuki, bu tomonlar endi Xongireyniki. Boshqalarning tishi oʻtmaydi. Men uning vakiliman. Siz bilan birga katta ishlar qilishimiz kerak. Endi tirikchilik boshqacharoq boʻladi.
— Tirikchilik, degin... Eshitgandirsan, bitta odam majlisda nasihat qilibdi: «Kasal boʻlsangiz doʻxtirga uchrang, chunki doʻxtirlarning tirikchiligi bor. Doʻxtir yozib bergan dorini albatta sotib oling, chunki dorifurushlarning ham tirikchiligi bor. Lekin bu dorilarni icha koʻrmang, chunki oʻzingizning ham tirikchiligingiz bor». Oʻsha majlisda goʻrkov ham oʻtirgan ekan, shart oʻrnidan turib: «Oʻrtoqlar, bu odamning gapiga quloq solmang, oʻsha dorilarni albatta iching, chunki mening ham tirikchiligim bor», degan ekan.

Selim kulib, iyagini qashigan boʻldi-da:
— Goʻrkov boshqalarning hisobidan tirikchilik qilib turar. Bizning ishimiz katta boʻladi. Limonad sotib yurish joningizga tegmadimi? — dedi.

Bu luqma Kesakpolvonning gʻashini keltirdi:
— Sen bola, aqling yetmagan ishlarga aralashma!

Kesakpolvon bu gapni xuddi Asadbek kabi qoshlarini chimirgan holda, zarda bilan aytdi.

Xongirey besh boshli ajdaho boʻlsa, endi bitta boshi menman, deb oʻylayotgan Selimga bu zarda ta’sir etmadi. Xotirjam tarzda:
— Siz bugun Xongireyga qoʻngʻiroq qilib, kelganimni aytib qoʻysangiz bas. Men «Leningrad» mehmonxonasida turibman. Boʻsh boʻlsangiz oʻting, bir oshiq tashlaymiz, — dedi-da, oʻrnidan turdi.

U chiqib ketgach, xontaxta ostidan telefonni olgan Kesakpolvon Moskvadagi Xongireyning qarorgohi raqamlarini terdi. Xongireyning oʻrniga Mamatbey gaplashib, Selimning gaplarini tasdiqladi. Kesakpolvon qoʻgʻirchoqqa aylanganini anglab, peshonasini tirishtirdi. Qozi bilan bir oz maishat qilib, yuragi siqildi. U Asadbekni yoʻlidan olib tashlab oʻzlari yaratgan olamga tanho hukmronlik qilmoqchi edi. Oqibat nima boʻldi? Avvalgi martabasidanda pastlab ketmadimi? Har holda «Asadbekdan keyingi ikkinchi odam», degan nomi bor edi. Endi-chi? «Xongireyning yugurdagi» degan unvonga yetishdimi? Endi bu xomsemiz Selimning ogʻzidan chiqadigan gapga mahtal boʻlib oʻtiradimi?

Agar Kesakpolvonda nomus tuygʻusi boʻlganida bu holga tushganidan koʻra oʻlimni afzal bilardi. Bunday tuygʻudan xoli boʻlgani sababli oʻlim oʻrniga xorlikni maqbul koʻra qoldi.

Roviylar derlarkim, Hindiston podshohining toʻrt vaziri bor ekan. Vaziri a’zam, Xudoning marhamati bilan, tengsiz aql-zakovot egasi ekan. Yaratganning qudratini qarangki, birovga aqldan moʻl bersa, shun-ga yarasha hasadgoʻylarni ham berarkan. Uch hasadgoʻy vaziri a’zamni yoʻldan olib tashlab, podshohga yanada yaqinlashmoq chorasini izlashibdi. Subhi sodiqda bir vazir kirib ajib tush koʻrganini bayon qilib debdi-ki: «Jannatmakon otangiz u dunyoda ham podshohlik davru davronini surmoqdalar. Ammo aqlli vazirga muhtojliklari bor ekan. Oʻgʻlimga ayt, vaziri a’zamni huzurimga yoʻllasin», dedilar. Bir hasadgoʻyning izidan ikkinchisi, soʻng uchinchisi kirib ayni tush koʻrganlarini aytishibdi. Podshoh bundan ajablanib, vaziri a’zamdan maslahat soʻrabdi. Vaziri a’zam hasadgoʻylarning maqsadlarini anglab debdiki: «Ey podshohim, otangiz amr qilgan ekanlar, boʻyinsinmoq farzdir. U dunyoga rihlat qilmoq oldidan menga qirq kun muhlat bering. Bu davrni men ibodat bilan oʻtkazib, tavbalar qilay, ruhimni poklab olay. Moʻ’tabar otangiz huzurlariga bu dunyoda topganim — gunohlarni ortmoqlab bormay». Podshoh rozi boʻlibdi. Podshoh izn bergach, vaziri a’zam fursatni gʻanimat bilib, uyidan to murda yoqiladigan maydonga qadar lahm kavlatibdi. Oʻttiz toʻqqizinchi kuni esa oʻtinlarni oʻzi taxlatibdi. Qir-qinchi kuni oppoq liboslarni kiyib podshoh huzuriga kiribdi-da: «Men tayyorman. Ammo olovni oʻzim yoqaman. Gunohkor bandalar gulxanga yaqin kelishmasin», deb ogohlantiribdi. Aytganday qilib, olovni yoqqach, tutun koʻtarilishi bilan oʻtinlar orasidan pastga tushib, yerosti yoʻlagi orqali uyiga boribdiyu bir yil tashqariga chiqmay oʻtiribdi. Soʻng yana oʻsha oppoq libosini kiyib, podshohga roʻpara boʻlib debdiki: «Olampanohim, men qaytib keldim. Otangiz sizni behisob ravishda duo qildilar. Va amr ettilarkim, bu uch vaziringizni xizmatlariga yubormogʻingiz joiz ekan». Podshoh oʻyladiki, «Men vaziri a’zamni bular koʻrgan tushga inonib u dunyoga yuborgan edim. U xizmatini ado etib qaytib keldi. Nega endi uning soʻzlariga inonmayin?» Podshohning shu ahdi bilan uch vazir oʻtda yongan ekan...

Kesakpolvon oʻsha vazirlar toifasidan edi. U oʻzining mayda oʻgʻrilardan ekanini unutgan, Asadbek panohida yurmaganida sal narsaga qamalaverib iyigʻi chiqib ketishi mumkinligini esa fahmlay olmasdi. U ba’zan «Asadbekni odam qilgan menman, shuning xizmatida yurmaganimda allaqachon toj kiyib, qonundagi oʻgʻrilarning zoʻri boʻlardim», deb oʻylardi. Biroq uning kalta aqli «Qonundagi oʻgʻri martabasiga yetish uchun ham farosat kerak», degan haqiqatni hazm qila olmas edi.

Kesakpolvon ayni damda ranjigani bilan Xongireyga, hatto Selimga xizmat qilishga koʻnikib ketaverardi. Uni tashvishga solayotgan narsa Asadbek tomonidan boʻlajak nogahoniy hujum edi. Asadbek Moskvaga ketganida bu tashvish bir oz chekingan, oʻziga dalda beruvchi bahonayu sabablar topgan edi. Asadbek qaytib, koʻz koʻzga tushdiyu xavotir choʻgʻi alanga ola boshladi.

Yaydoq daladagi koʻylakchan odam doʻlda qolsa — oʻlishi tayin. Kesakpolvonni Asadbekning doʻllaridan Xongirey asraydimi yo koʻylakchan holicha dala oʻrtasiga tashlab qoʻyaveradimi?

Qozixonadagi eski koʻrpacha ustiga yonboshlagan Kesakpolvon doʻldan himoya qilish choralarini oʻylardi. Xayoliga bir fikr yarq etib urildi-yu, qaddini koʻtarib, chordona qurib oʻtirib oldi. Xojasidagi bu oʻzgarishdan ajablangan Qozi oʻrnidan turib «Xizmat, xoʻjayin», deganday qoʻl qovushtirdi. Kesakpolvon «nega turib olding?» deganday unga hayronlik bilan qaradi-da:
— Nima buyurgansan, dimlamami yo qozonkabobmi?— deb soʻradi.
— Osh deganday boʻluvdingiz... — Qozi shunday de-di-yu, egasidan tepki yeyishdan qoʻrqib dumini qisgan it holiga tushdi.

Kesakpolvon Selim bilan koʻrishmay turib, choyxona hovlisidan oʻtayotganida osh buyurganini esladi, biroq, sir boy bermay:
— Osh yeyaverib ichaklar press boʻlib ketdi. Chiqib ayt, yogʻliroq goʻsht bosishsin, — dedi.

Qozi chiqib ketgach, qaddini koʻtarishga majbur etgan fikrga qaytdi. U Asadbekning qahridan qutulish yoʻlini topganday boʻldi: ertaga tongdayoq qaymoq koʻtarib Asadbeknikiga borishni, nonushtada birgalashib qaymoqxoʻrlik qilishni, soʻng «Mahmudni men oʻldirtirdim», deb tan olishni reja qildi. Uningcha «Mahmud senga xiyonat qilib Xongirey bilan til biriktirayotganini bilib qoldim. Oʻzing aytgansan, bizda xiyonatchiga aytadigan gap bitta boʻladi... Senga bildirmaganimning sababi: uni oʻzim topib, oʻzim tarbiya qilgan edim. Gunohiga sherikman. Shuning uchun oʻzim yoʻq qildim», degan gaplariga Asadbek oz boʻlsa-da ishonishi kerak edi. Shubhasiz, u «oʻzing-chi, Xongireyga qanday ilakishib qolding?» deb soʻraydi. Kesakpolvonning moʻljalicha, javobning «xoʻr-rozi» shu savolga qaytariladi: «Xongirey xitlanib, senga osilmasin, deb nomigagina yaqinlashdim».

Oʻzining bu kashfiyotidan quvongan Kesakpolvonning chehrasi ochilib, qozonkabobni buyurib qaytgan Qoziga bir-ikki hazil qildi.

Maishatlari yakun topib, koʻchaga chiqishgach, Kesakpolvon «Qaerga borsam ekan?» deb oʻylanib qoldi. Xotinining Yaponiyaga, qizi bilan sartaroshning Leningradga joʻnashi haqidagi gap-soʻzlarni eslab, uyiga borgisi kelmadi. Xotini bugun ertalab «eri oʻlgan Oysanam»ning Yaponiyaga otlanayotganini yana gapirganida «shu momaqaymoqni anchadan beri koʻrmadim-a», deb oʻylagan edi. Hozir oʻsha armonga barham berib, juvonni koʻrmoq istagida mashina sari yurdi. Haydovchi oʻrniga oʻtirmoqchi boʻlgan Qozini toʻxtatib, soʻradi:
— Doʻxtirni topdingmi?
— Uyidagilar aytishmayapti.
— Bek akang keldi-ya! Namuncha lallayasan, hebbim! Uyidagilar aytmayotgan boʻlsa bitta bolasini anavi yerga tiqib qoʻygin, sayraganini oʻzi ham bilmay qolsin. Nima, shunga ham aql kerakmi?

Kesakpolvon shunday deb soʻkindi-da, haydovchi oʻrniga oʻzi oʻtirdi.

2

Oysanam... Kipriklari uzun-uzun, qoshlari kamon, yana ming yil yashasam ham chiroyimni boy bermayman, deguvchi latofat egasi Kesakpolvonning xayolini oʻziga tortgan edi. Kesakpolvon Oysanamning onasi Kunsanamni erkalab «qiz oʻrtogʻim» derdi. U dastlab qamoqqa tushganida oʻgʻrilik bilan non topish, tirikchilik qilish oson emasligini angladi. «Detdom bolasiman», deb bolalarga zoʻrlik qilish zamoni oʻtgan, oʻgʻrilar olamida yetarli obroʻga ega boʻlish uchun lozim zehn, tadbirning oʻzida yoʻqligi, oxir-oqibat xorlik jandasiga oʻrashini ham fahmlab, «sendan boshqa mening kimim bor?!» deb koʻz yoshi toʻkib, Asadbekning etagidan mahkam tutdi. Kesakpolvonning umri boʻyi qilgan eng aqlli ishi ham shu edi. Dam-badam uygʻonuvchi «Men yonida boʻlmasam Asad bu martabalarga yeta olmas edi», degan oʻyiga oʻzi ham ishonmasdi.

Oʻgʻrilikdan uzoqlashib, Asadbek berib turuvchi choʻtalga qanoat qilib yurgan kezlari yengil-elpi toʻy qilib boʻlsa-da, uylandi. «Detdom bolasiman» deb kerilib yuruvchi Kesakpolvon yigit kishiga boshpana ham zarur ekanini oʻshanda tushunib yetdi. Asadbek oʻzining eski mahallasiga taqab solingan toʻrt qavatli gʻishtin imoratdan unga bir xonani ijaraga olib berdi. Uch xonalik uyning egasi zavoddagi kutilmagan ofat tufayli ikki qoʻlining panjalaridan ayrilgan odam edi. Uning majruhlik uchun oladigan nafaqasi oilaning non-choyiga arang yetardi. Xotini Kunsanam ilmsiz, hunarsiz ayol boʻlgani sababli oilani tebrata olmas edi. Shu bois u ham maktabdagi farroshligiga oladigan ozgina maoshiga qanoat qilishga majbur edi. Er-xotin-ku sabr qilardi, ammo ulgʻayib kelayotgan oʻgʻil-qizlarining yemoq-ichmoq, kiyinmoqdagi ehtiyojlarini qondirish mashaqqat edi.

Kesakpolvon ijaraga qoʻyiladigan xonani koʻrgani kelganidayoq bu chiroyli ayolga xushtor boʻlib qolgan edi. Nazarida eri majruh, oilasi muhtojlikda yashayot-gan bu ayol arzimagan «sovgʻa-salom» evaziga quchoqqa oson kirmogʻi mumkin edi. Soʻz qarmoqlari ish bermagach, yugurik qoʻli belga borganida bir shapaloq yeb niyatga erishmoq oson emasligini bildi. Bildi-yu, baribir maqsadidan qaytmasa-da, Kunsanamni ba’zan «singlim», ba’zan esa «qiz oʻrtogʻim» deb «e’zozlab» yurdi.

Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas ekan. Asadbekning choʻtallariga qanoat qilmay, unda-bunda oʻgʻrilik koʻchasiga shoʻngʻib, choʻntagi sal qappaygach, oʻziga boshpana sotib oldi. Shundan soʻng bu xonadon bilan bordi-keldisi uzildi. Choʻntak baquvvat boʻlgach, koʻngilxushlikka bop juvonlarni topish qiyin emas. Kunsanam ham koʻngil daftaridan osongina oʻcha qoldi.

Ammo Oysanam...

Kesakpolvon bir kuni bozorda Kunsanamga tasodifan duch keldi. Avvaliga Kesakpolvon uni tanimadi. Tanigach, ichida «Shaftoliqoqi boʻlib qolibsan-ku, ahvoling shu ekan, nozingga balo bormidi?» deb qoʻydi. Kunsanam esa uni yaqin odami deb bilib, kuyovi nobop bola chiqqani, qizining turmushi buzilganini afsus bilan aytib, ishga kiray desa durustroq joy chiqmayot-ganidan nolidi. Oʻshanda Kesakpolvonning tantiligi tutib, Oysanamni taksoparkka joylab qoʻygandi. Oʻshanda Ilyosov bosh muhandis boʻlib ishlardi. Erdan chiqqan bu goʻzal juvonni u qanday ilintirdi, Kesakpolvon bilmaydi. Kesakpolvon Oysanamni durkun qizaloq paytida koʻrgan edi. Ilyosov nikohlab olgach, mehmonga borib juvonni koʻrdi-yu, «Vah!» deb yuborishiga ozgina qoldi. «Qoʻlimga qoʻnib turgan shunday qushchani uchirib yubordimmi?!» deb afsuslandi. Keyin esa «Gilamni oʻzimga yaqin odamga sotibman, xohlagan paytimda bir chekkasida oʻtirib turaman», deb oʻzini ovutdi. Biroq, bu ovutishlari xomxayol boʻlib chiqdi. Onasi kabi hurkak boʻlgan Oysanam uni yoniga yoʻlatmadi. Uning bu qiligʻi Kesakpolvonga noshukrlik boʻlib tuyuldi. Unga qonundagi oʻgʻrilarga xos tantilik yetishmasdi — birovga yaxshilik qilgach, indamay keta olmasdi. U birovning hojatini chiqarganidan soʻng albatta shunga yarasha javob boʻlmogʻini istardi. Oysanamni «yogʻli» ishga joylashib qoʻyishi uning nazdida ulugʻ xizmat edi. Shu «ulugʻ xizmat» evaziga bu noshukr juvon bir kechalik ishvasini unga in’om qilgisi kelmadi. Mazkur muammoning hal etilishida Kesakpolvonning tarozusi bilan Oysanamniki mos emasdi. Kesakpolvon tarozusining bir pallasiga oʻzining «ulugʻ xizmati»ni ikkinchisiga juvonning ishvasini qoʻygan, shubhasizki, pallaning «ulugʻ xizmat» tomoni bosib turardi. Oysanam esa tarozuning bir pallasiga «arzimas ish»ni, ikkinchisiga esa nomus-orini qoʻygan edi. Shu bois «arzimas xizmat» uchun shiringina jilmayib, «rahmat» deb qoʻyishni kifoya deb bildi. U goʻzalligini, koʻz suzib qarashi har qanday erkakni behush qila olishini bilardi. Erkaklarning suqlanib qarashlaridan rohatlanardi. Biroq bu qarashlarga bandi boʻlishdan oʻzini tiya olardi.

Bir baxtsiz aytgan ekanki: «Bilmayin bosdim tikonni, tortadirman jabrini, bilsam erdim, bosmas erdim, tortmas erdim jabrini».

Oysanam baxtsiz emasdi, tikonni bilmay bosuvchi toifadan yiroq edi. Birinchi turmushi yoshlik oʻynoqiligi oqibati emas, balki ota-onasining istagi mevasi edi. Tag-tugli uzoqroq qarindoshlarining xonadonida qizlarining baxt topishiga astoydil ishongan ota-onasi tikonni bilmay bosgan edilar.

Yangalar uch kun poylab zerikishdi: kelin-kuyov qoʻshila olishmadi. Kuyov bolani domlaga olib borib oʻqitish ham natija bermadi. Kunsanam sabr qildi, voqeani majruh eriga bildirmadi. Oʻgʻliga aytishdan ham qoʻrqdi, ham uyaldi. Oysanam ham sabr qilardi. Ammo... kichik chillasi chiqmay turib, yarim tunda erining bezovta boʻlib yon xonaga oʻtib ketishidan tashvishlandi. Soʻng son tomiriga em ignasidan dori yuborayotgan koʻrdi-yu, labini tishladi. Siri oshkor boʻlgan er uni ham dori olishga da’vat eta boshlagach, uyiga qaytdi-yu, bor gapni yashirmay aytdi. Akasining borib kuyov bolani doʻpposlab urib kelgani hisobga olinmaganida ular ortiqcha gap-soʻzsiz ajralishdi.

Bu voqea Kesakpolvonga noma’lum, fikricha, goʻzal juvonning erdan chiqishiga boshqa sabab mavjud edi. Har nima boʻlganda ham Oysanam Kesakpolvon uchun zabt etilmagan qoʻrgʻon boʻlib qolaverdi. Kesakpolvonning maishatbop xotinlarga muhtojligi yoʻq, «Oysanami koʻnmasa jonsanam-da» deb ketaversa boʻlardi. Lekin juvondagi kibr (ha, u nomusni aynan kibr deb fahmlagandi) unga tinchlik bermadi. «Oʻn yil boʻlsa oʻn yil, yuz yil boʻlsa yuz yil kutaman. «Akajon!» deb qoʻynimga kirganini oʻzi ham bilmay qoladi», degan ahdini bugun esladi.

«Mirkarimovning oʻligi suvdan chiqibdi», degan xabarni eshitib, janozaga borganida hamma tobutni koʻtarish bilan ovora ekanida Kesakpolvon mayitning izidan yigʻlab chiqqan xotinlarga qaragan, ular orasidagi Oysanamni koʻrib «yigʻlasa ham ofatijon-a, dayusning xotini» deb qoʻygan edi.

Oysanamning Yaponiyaga otlangani haqidagi xabar Kesakpolvonning tinchini buzgan, boshida mingta tashvish, ming bitta gʻalva boʻlsa ham, bu yangilikning tagiga yetishni istayotgan edi.

Darvoza biqinidagi qoʻngʻiroq tugmasini qayta-qayta bosgan Kesakpolvon ichkaridan javob boʻlavermagach, «Nima balo, Yaponiyaga joʻnavorganmi?» deb tashvishlandi. Umidi singan tarzda iziga qaytay deganida Oysanamning «Kim?» degan tovushini eshitib, koʻngli yayrab ketdi-yu, ichida «ovozingdan akaginang aylansin!» deb qoʻydi. Juvon yana bir karra «Kim?» degach:
— Menman, Haydar akangman, — deb oʻzini tanitdi.

Shundan soʻng ham darvoza eshigi darrov ochila qolmadi. Bundan ori kelgan Kesakpolvon zardali ovozda:
— Nima, tanimay qoldingmi? — dedi.

Oysanam eshikni ochib, salom berdi-yu, «keling, kiring», demadi. Orqaga tisarilmadi, yonga oʻtib, yoʻl ham boʻshatmadi. Bu harakati bilan oʻziga yoqimsiz boʻlgan erkakning ostona hatlab kirishiga mayli yoʻqligini oshkor qildi. Oysanamning xohishi bor yoki yoʻqligi Kesakpolvon uchun ahamiyatsiz narsa edi. Eng muhimi — bu uyga kirmoqqa uning xohishi bor.
— Shu tomonga yoʻlim tushgan edi, singiljonimni bi-ir yoʻqlay dedim. Seni koʻrmaganimga ham ming yil boʻldiyov, — Kesakpolvon shunday deb ostona xatlagach, Oysanam tislanib, yoʻl boʻshatishga majbur boʻldi.

Ayvon issiq boʻlgani uchun uyga boshlamadi. Kesakpolvon yumshoq oromkursiga choʻkib oʻtirgach, sigaret tutatdi-da:
— Oʻgʻling koʻrinmaydimi, yolgʻizmisan? — deb soʻradi.
— Oʻgʻlim... oyim bilan kontsertga ketishuvdi, hozir kelib qolishadi.

Oysanam yolgʻon gapirdi: oʻgʻli onasinikida, bugun kelishmas edi.
— Yolgʻiz zerikmayapsanmi? — dedi Kesakpolvon ishrattalab nigohini unga qadab.
— Yoʻq.
— Sen erga tegishing kerak. Bevalik senga sira yarashmaydi. Seni... oʻzim olib qoʻya qolsammikin, deb turibman.
— Menimi?
— Ha-da, tegasanmi, menga?
— Qoʻying-e, — Oysanam shunday deb koʻzini olib qochdi-da, chetga qaragan holda piching bilan qoʻshib qoʻydi: — sizga... onasi oʻpmagan qizlar mahtal boʻlib turishibdi-ku, meni nima qilasiz?

Kesakpolvon dastlab Oysanamga osilib, muddaoga yeta olmaganida «Men xohladimu sen noz qildingmi? Bir marta «gah!» desam, onasi oʻpmagan qizlarning oʻntasi qoʻlimga qoʻnadi», degan edi. Oysanamning oʻsha voqeani eslab piching bilan aytgan bu gapi Kesakpolvonga nozli hazil boʻlib tuyuldi.
— Oʻsha gap esingda turuvdimi, yomonsan, sen yomonsan. Bilib qoʻy: seni rostdanam yaxshi koʻraman. Onasi oʻpmaganlardan boʻlmasang ham oʻzing zoʻrsan. Eringga kuyma. U sening tirnogʻingga ham arzimasdi.
— Qoʻying, unaqa demang, bunday gaplarni yer darrov yetkazadi.
— Yetkazsa yetkazaversin. «Shiltalik qilma», deb eringga ming marta aytganman. Shiltaligi boshini yedi. Oʻynashi qamalib ketdimi? Boʻyniga olibdimi?
— Yoʻq hali.
— Ie, ish haligacha choʻzilib yotibdimi? Akang ham oʻtirgandir?
— Oʻtiribdilar. Ishni endi prokuratura boshidan boshlab koʻrarmish.
— Senga aytishdimi, qaerdan bilding?
— Odam keldi. Hammasini boshqatdan soʻrab chiqdi.
— Sendan nimani surishtiradi? Sen jabrlanuvchisan, da’vogarsan. Sen «erimning qotilini topib berlaring», deb ularning yoqasidan olishga haqlisan.
— Haqimni bilaman-ku... lekin... u odam sizni ham soʻradi. Asadbek akani surishtirdi.
— Nima?! Nima dedi?
— «Eringiz bilan munosabatlari qanaqa edi? Kelib-ketib turisharmidi?» deb soʻradi.
— Sen nima deding?
— Toʻgʻrisini aytdim: kelishmasdi, dedim.
— Kallang joyida sening. Kelgan odamning oti nima ekan?
— Esimda yoʻq.

Kesakpolvon sigareta qoldigʻini kuldonga ezdi. Jahli chiqqanini yashirmay:
— Aqling oshib-toshib yotibdi-ku, nimaga eslab qololmading? Sen ular bilan mushuk-sichqon oʻynama. Agar qotilni topisholmasa, sirtmoqni aylantirib-aylantirib oʻzingning boʻyningga tashlashadi. Keyin yuraverasan voy-voylab, — deb zarda qildi.

Bu gapdan Oysanam chinakamiga choʻchib tushdi:
— Nega menga tashlasharkan sirtmoqlarini? — dedi sarosima bilan.
— Senga tashlashmay buvingga tashlashadimi? Erini oʻynashdan qizgʻanib oʻldirgan yoki, toʻgʻrirogʻi, oʻldirtirgan, deyishadi, tamom! Ha, nimaga dovdirab qolding, boʻlishi mumkin emasmi? Masalan men xuddi shunday deb oʻylaganman.
— Unaqa demang.
— Nega demas ekanman? Dangʻillama uying bor. Sochingning uchidan oyogʻingning tirnogʻigacha tillaga botgandirsan. Endi bunaqa shilta erni boshingga urasanmi? Sening oʻrningda boʻlganimda men ham oʻldirtirib yuborardim. Toʻgʻri qilgansan.
— Unaqa demang, — bu safar juvonning ovozi titradi.
— Demayman. Lekin bunaqa ishda tuhmatga qolish hech gapmas, ehtiyot boʻl. Yana soʻroq qilsa gapingni bilib-bilib ayt. Ha, Yaponiyaga ketayotgan emishsanmi?
— Hali aniq emas. Bitta ortiqcha yoʻllanma bor ekan...
— Shunaqami? Senga oshiqcha yoʻllanma ham topila qoladi-ya! Sen uyingda jilmay oʻtiraver. Yaponiyani koʻrging kelayotgan boʻlsa, men bilan birga borasan. Hoʻsh, endi haligi gapga nima deysan?
— Qaysi gapga?
— Menga tegasanmi?

3

Kesakpolvon avvalgi ahdi boʻyicha ertalab qaymoq koʻtarib keldi-yu, ammo Asadbek bilan nonushta qila olmadi. Asadbek erta saharda Halimjon bilan chiqib ketganini boloxonadagi yigitdan bilib, yana tashvishga tushdi. Uyga qaytgisi kelmay, jar yoqasidagi xonadonlarda ochilgan yemakxonaga bordi. Boshiga tashvish doʻli yogʻilib turganda ham ishtahadan nolimaydigan odamning bu safar tomogʻidan ovqat oʻtmadi.

Kun yoyilganida shahar markazidagi uch qavatli bino yertoʻlasiga joylashgan idoraga qarab yurdi. Idora eshigidan har safar Asadbekning yordamchisi sifatida kirar edi. «Bugun soʻnggi marta bu martabada oʻtyapmanmi, ertaga xoʻjayini sifatida kiramanmi?» deb oʻyladi.

Endigina kelgan Boʻtqa qizlarni ishga solib, xonalarni shamollatgan edi. Asadbek «Zamon oʻzgaryapti, qadamlaringni bilib boslaring», degach, tungi maishatlarga barham berilgan sababli bu yer ancha osoyishta boʻlib qolgan edi. Kesakpolvon salom bergan Boʻtqaga qarab «Bu bola menga kerak», deb oʻyladi-da:
— Rasuljon uka, ahvollar yaxshimi? — deb qoʻydi.

Boʻtqa uning bu muomalasidan ajablandi. Chunki u Kesakpolvon tomonidan «Ha, Boʻtqa, qalaysan?» deb hol soʻraluviga koʻnikib qolgan edi.
— Rahmat, akaxon, choy qilaymi yo qizilidanmi? — Boʻtqa shunday deb amrga mahtal ravishda unga qaradi.
— Choyni qoʻyatur. Bek akangdan darak bormi, bu yoqqa keladiganmi?
— Bilmadim. Telefonlar jim.
— Mening ozgina ishim bor, halaqit bermay tur,— Kesakpolvon shunday degach, Asadbekning xonasiga kirdi. Uning qiladigan ishi yoʻq, boʻlajak suhbat oldidan aytadiganlarini yana fikr tarozusida oʻlchab olmoqchi edi.

Xonaga kirib oʻtirishga ulgurmay Asadbekning ovozi eshitildi.

Asadbek eshikni ochib, ichkari kirishi bilan, bir ma’no uqish umidida, uning koʻzlariga boqdi: Asadbek kechagiga nisbatan quvnoqroq koʻrindi. Qarashlaridagi kechagi mahzunlik, ba’zan qora bulut kabi bostirib keluvchi qahr endi yoʻq. Bugundan e’tiboran «sobiq xoja»ga aylanajak Asadbekning xush kayfiyati Kesakpolvonga ham koʻchib, jilmaydi. Zulm daraxtini birgalikda ekib, endi uning mevasidan kim koʻproq yeyar ekan, degan muammoni hal qilolmayotgan bu ikki banda orada xiyonat ham, oʻlim ham, adovat ham boʻlmaganday, bir-biriga oqibati ziyoda odamlar kabi iliq koʻrishishdi.
— Qaymoqxoʻrlik qilarman, deb boruvdim, saharmardonda joʻnavoribsan. Keting yer iskamaydigan boʻlib qoldi, a? — dedi Kesakpolvon, mehribon doʻst ovozi bilan.
— Qadrdonlardan bittasini savobga yoʻqlab qoʻy-dim, — Asadbek shunday deb, Kesakpolvonni ajablantirgan holda nigohini olib qochdi.
— Kimni?
— Sen uni tanimaysan.

Kesakpolvon «Men tanimaydigan qadrdonlaring ham bormi?» degan ma’noda qarab qoʻydi-yu, gapni maydalashdan oʻzini tiydi. Shuning barobarinda kecha xayoliga kelgan fikrni bayon qilish ahdi susaya boshlaganidan gʻashlandi. Yolgʻonni ham, rostni ham bir xil ohang-da, koʻzlarini chaqchaytirganicha aytib tashlaydigan odamni dangalchilik tark etganday edi.
— Mahmudning oʻrni bilinib turibdi,— dedi Kesakpolvon, yengil xoʻrsinib. — Yoningda oʻtirishiga koʻzlarim oʻrganib qolgan ekan.
— Oʻrni hali beri sovumaydi, — dedi Asadbek, tagdor ma’noda, keyin Kesakpolvonning yelkasiga qoʻl tashlab, divan tomon yurdi. — Umri qisqa ekan-da. Opichib yurganingni koʻrganimda bir-ikki kunda oʻlib qolsa kerak, deb choʻchigan edim. Yana ham shuncha yashadi.
— Ishxonani boshqa yerga koʻchirsakmikin? Xonaga kirganda koʻzga koʻrinaverib, odamni qiynab yuboradi.

«Mahmudning arvohi seni to goʻrga kirguningga qadar ta’qib etib, qiynaydi. Qiynoqqa oʻzing xaridor boʻlib, uni oʻzing sotib olding», deb oʻyladi Asadbek. Til esa boshqa gapni aytdi:
— Koʻchish kerak. Koʻnglingga yoqadigan joy top.

Asadbekning «koʻnglingga yoqadigan» deganiga Kesakpolvon uncha diqqat qilmadi. Chunki ayrim ishlarni topshirayotganda Asadbek «bilganingni qil» yoki «koʻnglingga qara» deb qoʻyardi. Hozir Asadbek «koʻnglimizga» emas, «koʻnglingga» deb atay ta’kidlagan, bu bilan «topadigan joyingda oʻzing ish yuritasan», degan ma’noni singdirmoqchi boʻlgan edi.

Divanga borib oʻtirishganda Boʻtqa choynak koʻtarib kirdi-da: «U-bu kerakmasmi?» deb soʻradi. Kesakpolvon «u-buga hojat yoʻqligini» aytgach, piyolalarga choy quyib uzatdi-da, jimgina iziga qaytdi.
— Maskovda Xongireyni uchratib qoldim, — dedi Asadbek, Boʻtqa chiqib ketgach. — Anavinda toʻgʻri aytding: ne boʻlsa ham musulmonligi bor bu bolaning. Kozlov tufayli oramizga sovuqlik tushdi, deb afsuslanib yuruvdim. Koʻngli keng ekan u chechenning. «Oʻrtamizda gina-kudurat yoʻq», deb aytdi. Mardligiga qoyil qoldim. Sherikka yolchibmiz, oshna. Ana endi osh-qatiq boʻlsak arziydi. Bir-ikkita zoʻr ishlarni moʻl qoʻygan ekan, oʻzing billalashib yuritasan.

Bu safargi «oʻzing billalashib» deyiluvi Kesakpolvonning diqqatini chetlab oʻtmadi.
— Moʻljalidagi ish juda katta, lekin juda nozik, qaltis. Buni faqat oʻzing eplaysan.

Kesakpolvon endi «oʻzing» shunchaki tildan adashib chiqqan soʻz emasligini anglab, tahrir kiritdi:
— «Oʻzimiz» degin.
— Yoʻq, endi bu ishlarni sen yuritasan. Sen bilan men uchib borayotgan moshinaning murvatlarimiz. Murvat degani eskiydi, ishdan chiqadi. Murvat yangilanmasa, oʻzing bilasan, moshina abjaq boʻladi. Ikkalamiz billa yurib, yomon boʻlmadik. Endi men chetga chiqishim kerak. Mening tashqi koʻrinishim odam. Ichimni hali ham dard kemirib yotibdi. Menga rahming kelsin.

Jumboqning bu qadar yengil hal etilishini kutmagan Kesakpolvon bir oz dovdirab qoldi. Asadbekning ahdi qat’iymi, samimiymi yoki sinash uchun aytyaptimi bu gaplarni — farqlay olmasdan gangidi. Sobiq xojasining qarashlari, gapidagi ohang ichiga yashiringan sirni oshkor qilmadi.
— Ha, nega jimib qolding, gapir,— dedi Asadbek.
— Nimani gapiraman, Maskovda jin-pin chalib ketdimi seni? Gaplaringdan latta hidi kelyapti. Kasal boʻlsang, damingni ol, holingga qarab yuraver. Sendan birov ish talab qilyaptimi yo davlatning ishxonasiga oʻxshab byulleten koʻrsatishing kerakmi? Bir yogʻing-ni yozga, bir yogʻingni qishga qoʻyib, taralla-bedod qilib yuraver, qancha ish boʻlsa, men borman.
— Shuni aytyapmanda. Hamma ish endi sening gardaningda boʻladi.
— Gapni aylantirma. Sen — Asadbeksan! Men kissavurdan chiqqan mayda odamman.
— Ilgari mayda boʻlgan boʻlsang, endi yiriklashasan. Masala hal boʻlgan, men Xongirey bilan kelishib keldim.
— Nima, endi Xongirey xoʻjayinlik qiladimi?
— Xoʻjayin emas, u sening sheriging. Teng sherik! Shuni unutmaginu sira past ketma. Yana boshingga chiqib, oʻtirib qoʻymasin.
— Boshni qotirma. Mening sherigim ham, xoʻjayinim ham oʻzingsan. Meni tashlab, chetga chiqsang, nomardsan.

Asadbek unga kulimsirab qaradi: «Bu gapni endi Xongireyga aytasan. Xursandlikdan yorilib ketay deyapsan-ku...» Asadbek sobiq a’yoniga shunday degisi keldi. Soʻng boʻralab soʻkishni, keyin yumshoq yeriga boplab bir tepishni istadi. Koʻngil jilovi boʻsh qoʻyilsa, nimalarni istamaydi. Vaqti-vaqti bilan «portlab» ketuvchi Asadbek bu safar koʻngli hukmiga boʻysunmadi, koʻnglini azoblarga qoldirib, kulimsiradi. Til va dil birligini butunlay yoʻqotdi.
— Gaplaringni qara, chetga chiqib sen bilan yuzkoʻr-mas boʻlib ketyapmanmi? Oʻsha oshnaligimiz, oʻsha qadrdonligimiz bir misqol ham kamaymaydi. Goʻrimga ketgunimcha yoningdaman. Faqat hamma ishni oʻzing mustaqil yuritasan. Xongirey moʻljallagan ishda ikkita aqlning bittasi ortiqchalik qiladi. Endi men senga ish buyurmayman. Ha, aytmoqchi, oxirgi marta bitta ish buyuraman, xohlasang ham, xohlamasang ham bajarasan,— Asadbek oʻrnidan turib, qoʻlida koʻtarib kirib, stoli ustiga qoʻygan gazitga oʻrogʻliq narsani oldi-da, Kesakpolvonga uzatdi:
— Nima bu? —deb ajablanib soʻradi Kesakpolvon.
— Pul. Maskovga ketmasimdan oldin Sharifning xotini beruvdi, — Asadbek gapining yolgʻonligini oshkor etib qoʻymaslik uchun hamsuhbatga qattiq tikildi.

...U ertalab barvaqt turib, qabristondagi uchrashuvni eslagan, kun yoyilganda, ayolning idoraga kelishini istamay, uyiga oʻzi borgan edi. Kesakpolvon tanimaydigan «qadrdonlardan bittasi» shu ayol edi.

Chala qurilishni koʻrib, «hali ham bitirib berishmabdi-da», deb gʻashlangan boʻlsa, eski darvozaga osiqliq qulf uni ajablantirdi. Koʻchaga suv sepib, supurayotgan qoʻshni ayoldan bularning qaerdaligini soʻrab, «uyni sotib ketishgan», javobini eshitdi-yu, taajjubi yanada oshdi.

Nasiba bolalarini olib, onasinikiga koʻchib ketgan ekan. Asadbek qoʻshni ayoldan uning manzilini bilib, qidirib bordi. Sharif Namozovning uyidan ham harobroq boʻlgan uyga bolalari bilan koʻchib kelgan ayolning ahvoli qanday ekanini birov aytmasa ham, Asadbek his etdi. Asadbek ota uyiga turli sabablar tufayli qaytib kelgan ayollarning qismati haqidagi gaplarni koʻp eshitgan. Uylar koʻp, yashash bemalol boʻlgan taqdirda ham bir qorindan tushgan jigarlarning bir hovlida yashamoqlari juda mushkul. Uyni sotib kelgan bu ayolning aka-ukalari bordir, demak, uyning «kelin» deb atalmish norasmiy egalari bordir...

Asadbek shularni oʻylab, mashinada oʻtirganida Halimjon Nasibani boshlab chiqdi. Ayol Asadbekni koʻrib, bir toʻxtab oldi. Soʻng choʻchibgina yaqinlashdi. Asadbek uni bu qoʻrquvdan qutqarish maqsadidi mashina eshigini ochib, oʻtirgan yerida uni qarshiladi.
— Mahallangizga yoʻlim tushuvdi, gʻalati gapni eshitib qoldim-ku? Singlim, uyni sotibsizmi?

Nasiba titroq barmoqlarini sanayotganday tikilib qoldi.
— Nega sotdingiz?

Nasiba Asadbekka qarab oldi. Uning koʻzlarida gʻazab uchqunini koʻrmagach, sal dadillanib, bir xunuk yigitning pul talab qilgani, keyin bolalarini oʻgʻirlab ketganini aytdi.
— Shunaqa ekan, nega menga borib aytmadingiz? — dedi Asadbek gina ohangida.
— Boruvdim, kasal ekansiz, yordamchingiz «biz bunaqa jinoyat ishlarga aralashmaymiz, boshqa kelmang», dedilar.

Asadbek bu gapni eshitishi bilan koʻz oldiga darrov Kesakpolvon keldi. Chuvrindining bunaqa demasligiga amin boʻlsa-da:
— Boʻyi uzunroq, gavdali, mendan sal yoshroq odammidi? — deb soʻradi.
— Yoʻ-oʻq... boʻylari sizdan ancha past edi...
— Ha... qora chigirtkaga oʻxshaganmi?

Ayol «ha» ishorasini qildi.
— Qabristonda menga shuni aytmoqchimidingiz?
— Yoʻq... hozir... — Nasiba shunday deb tezgina iziga qaytdi-da, sal oʻtmay, qoʻlida gazetaga oʻralgan bir nimani Asadbekka uzatdi.
— Nima bu? — deb soʻradi Asadbek, gazeta oʻramiga qoʻl uzatmay.
— Bu... sotilgan uyimizning qolgan puli.
— Nima? — Asadbek «bu xotinning esi sogʻmi?» deganday tikilib qaradi. — Bu pulni... nega menga ber-yapsiz? Yo... eringiz vasiyat qiluvdimi?
— Sharif akamning bir ogʻiz soʻzlariga zor boʻlib qoldik-ku... — Nasiba shunday deb xoʻrsindi. Soʻng Asadbekka dadilroq qaradi: — Bu pul qurdirayotgan uyingizniki. Bugun shu omonatni bergani bormoqchi edim.

Asadbekka Nasibaning bu qiligʻi malol kelib, achchiqlandi, yuzlari uchdi. Jerkib ham bermoqchi boʻldi. Ammo jahl uchquni alanga olmay, «bu bechorada ayb yoʻq-ku», degan fikrda oʻzini tiydi. «Pul oʻzingizda qolaversin, bolalarga ishlating», demoqqa ogʻiz juft-ladi-yu, ammo xayoliga boshqa bir fikr kelib, bu gapni aytmadi. Faqat... Halimga koʻz qarashi bilan «pulni ol» degan ishora qildi...

...Hozir oʻsha pul oʻramini Kesakpolvonga uzatganida Nasibaning titroq lablaridan uchgan soʻzlar quloqlari ostida jaranglaganday boʻldi.

Kesakpolvon Nasibaning najot istab kelganini esladi. «Bek nima uchun buni kavlashtirib yuribdi? Endi shu xotinga yordamlashmaganim uchun siquvga olmoqchimi?» — deb oʻyladi. Lekin u kutgan gap aytilmadi. Asadbek:
— Xotin zoti asli aqlsiz boʻladi, oʻzing bilasan. Sharifniki ahmoqlikda hammasidan oʻtib tusharkan. Erini koʻmib kelib, uyni sotibdi. Pulning choʻgʻiga qaraganda ozginasini ishlatib qoʻyganga oʻxshaydi. Endi men aralashsam yarashmaydi. Sen uyni sotib olgan odamga yotigʻi bilan tushuntir, pulini qaytib olsin. Pulning yetmaganini qoʻsharsan, ilojing boʻlmasa, men bera qolaman, — dedi-da, pul oʻramini Kesakpolvonning tizzasi ustiga qoʻydi: — Bu mening oxirgi buyrugʻim. Bundan buyogʻidagilari endi iltimos boʻladi.
— Sen nima qilayotganingni bilayapsanmi?! — Kesakpolvon achchiqlanib turib ketdi. — Sen meni... pichoqsiz soʻyyapsan!

Kesakpolvonning bu holati Asadbekka rohat baxsh etdi. Koʻzlari kuldi. «Qani edi, sen marazni oʻtmas pichoq bilan kindigingdan boʻgʻzingacha soʻysam», deb oʻyladi.
— Haydar, sen hozir lovillayapsan, mayli, bir gurillab ol. Lekin ertaga hovuring bosiladi. Oʻshanda «Asad toʻgʻri qilgan ekan», deysan. Mening gaplarim shu yerda qoladi, a? Doʻst-dushman bu oʻzgarishni bilmay qoʻyaversin.— Asadbek shunday deb oʻrnidan turdi-da, yengil kerishdi. — Aslida ikki-uch yil oldin shunday qilishim kerak edi. Hozir yelkamni ezib turgan togʻ birdan agʻdarildi. Endi uyga borib bola-chaqa bilan gʻam-tashvishsiz, bi-ir chaqchaqlashib oʻtiray. Ertalabdan xudo xohlasa, toʻyni harakatini boshlaymiz. Mahmudning qirqi oʻtib olsin, bi-ir toʻy qilaylik, a oshna?

Bir-birlarini «oshna» deb ataganlari bilan oralarida hech qachon sof, samimiy doʻstlik boʻlmagan, aksincha, Jalilning ta’biri bilan aytganda faqatgina manfaat qoidasiga itoat etib yashagan bu ikki odam dillarini qafasga solganlari holda, faqat til uchida gaplashdilar. Tillardan goʻyo bol tomdi, dil esa zaxarli oʻqlarga toʻldi.

Qalblar uzil-kesil dushmanga aylangani holda xayr-lashdilar.

Birovi sobiq, birovi esa yangi xoʻjayin sifatida koʻchaga chiqdilar.

XII bob

1

Zohid Hamdam Tolipovning kelishini kutib oʻtirgan edi. Va’dasiga xiyonat qilmaydigan Hamdam bu safar nima uchundir kechikayotgan edi. Zohid betoqatlanib, soatiga bir necha marta qarab-qarab olgach, Hamdamning xonasiga qoʻngʻiroq qildi. Javob boʻlmagach, navbatchining raqamlarini terdi. «Tolipovning chiqib ketganiga bir soatdan oshdi», degan javobni eshitib, nima qilarini bilmay oʻtirganida unga «Mirkarimovning «Ishi» boʻyicha Erkaeva degan ayol kelib, soʻ-rayotganini» ma’lum qilishdi. Kutilmagan bu tashrif avvaliga Zohidni taajjubga soldi, soʻng esa «tintuvda olingan narsalarini soʻrab kelgandir», degan fikrda ayolga ruxsatnoma buyurdi.

Oysanam kirib oʻtirgach, Zohid dabdurustdan «nega keldingiz? Menda nima ishingiz bor?» demay, hol-ahvol soʻradi. Oysanam bu iltifotga javoban «yuribmiz, Xudoga shukr», deb qoʻydi. Soʻng bir nafas sukut qildi-da, muddaoga koʻcha qoldi:
— Men... akamni chiqarish masalasida keluvdim.
— Chiqarish masalasida? — Zohid Oysanamga tikilib qaradi. — Birov chiqaraman, deb va’da qiluvdi-mi?
— Yoʻq... — Oysanam bir oz taraddudlanib, qoʻlidagi kirish ruxsatnomasini buklay boshladi. Keyin oʻziga tikilib turgan koʻzlarga qarab olgach, siniqroq ovozda maqsadini bayon qildi: — Oradan necha oy oʻtyapti. Gunohlari boʻlsa, boʻyinlariga qoʻyib qamavormaysizlarmi? U yoqda akam azobdalar, bu yoqda bolalari ezilib ketishdi.

Oysanam «gaplarim ta’sir etyaptimi?» deganday yana bir qarab oldi. Bu safar nigohi tikilib turgan koʻzlarga toʻqnashmadi. Zohid «mayli, qancha gapi boʻlsa gapirib olsin», degan maqsadda undan koʻzlarini uzib, stoli ustidagi qogʻozlarga tikilib oʻtirardi. Bundan picha quvvatlangan Oysanam gaplarini dadilroq davom etdi:
— Uyimga borganingizda ham aytganman: akamda ayb yoʻq. Asli... peshonamiz shoʻr bizning. Hamisha har xil balolar izimizdan quvib yuradi. Dadam rahmatli ishxonalarida bir palakat bilan majruh boʻlib qoluvdilar. Oyim bechora bizlarni ming-ming azoblar bilan boqib katta qildilar. Yashayotgan uyimga qarab, menga baho bermang. Biz kambagʻallikda, mehnat bilan, it azobida katta boʻlganmiz. Akamning uylarini borib koʻrdingizmi?

Zohid bosh chayqab, «Borganimcha yoʻq», dedi.
— Borib koʻring: ikki uy bir daxlizda olti bolasi bilan oʻtiradi. Kennayim kutubxonada ishlaydilar. Toʻqson soʻm maosh bilan olti bolaning qornini oʻylasinlarmi yo ust-boshiga qarasinlarmi? Kecha borsam... yigʻlab oʻtiribdilar. Boqchada bir tadbir bor ekan, shirinlik pishirib kelishni soʻrashibdi. Maktabga esa, boʻyoqqa pul berishlari kerak ekan. Men bu azoblarni aytaversam, bunaqa gaplarni attorning qutisidan ham topa olmaysiz... Siz tekshirib, tagiga yetkuningizcha yana necha oy oʻtarkin. Xudo xayringizni bersin, akamni qoʻyib yuboring. Ishlab, bolalarini boqsinlar, hech qayoqqa qochib ketmaydilar. Axir tilxat olib, keyin chiqarasizlar-ku, bolalariga rahmingiz kelsin.

«Attorning qutisidagi gaplar» tugadi shekilli. Oysanam yengil xoʻrsingach, jim boʻldi.

Bu kabi xasratlar barcha tergovchilar qatorida Zohid uchun ham yangilik emas. Birovning shoʻrini quritishdan avval hech kim bechoraxol boʻlmaydi. Qoʻlga tushib, qamalgach, uning «hayotda ezilgani», koʻp «gʻurbat chekkani» «ma’lum boʻlib qoladi». Bunday hasratlarni eshitgan odam jabrlanuvchiga emas, balki zulm qilganga achinishi kerak boʻlib qoladi. «Ha, endi oʻlgan oʻlib ketdi, bu odamni qamaganingiz bilan murda tirilib qaytib kelarmidi», «Ha, endi bir yoshlik qilib, oʻgʻirlikka tushibdi-da, narsalarini qaytarib berdi, rahm qila qoling», «Tergovchi uka, bu ham yigitchilikdan-da, bir tepib, ikkitagina musht urganga ham shunchami? Yorilgan joyi bitib ketibdi, siz ham «ish»- ni yamab qoʻya qoling» — xasratlarning soʻnggida ochiq aytilmasa-da, shu kabi iltimoslar yashiringan boʻladi. Oʻz-oʻzidan ma’lumki, mazkur «Ish» «bir yoqlik qilingach», «suyunchisi» kutib turgani ham qistirib oʻtiladi. Keyin esa... «Shu arzimagan ishni yopdi-yopdi qilib yuborsa ham boʻlardi, tergovchi oʻlgurda rahm-shafqat degan narsa yoʻq ekan», deb hukm chiqariladi. «Arzimagan ish» tufayli necha kishining jabr tortgani esa tarozi pallasiga qoʻyilmaydi.

Uyida xushlamaygina gaplashgan Oysanam oʻzgalardan farqli oʻlaroq, talabini ochiq ayta qoldi. Oʻsha kuni osmonda edi, ovozlari baland pardada edi, bugun nechun yerga tushdi, nechun hazin ohangda gapiryapti? Nahot kelin ayasining koʻz yoshlari unga bunchalik qattiq ta’sir etdi ekan? Eri qamalganidan beri u ayol xasratlarini endi bayon qilibdimi? Balki erining topgan-toʻplaganlarini yeb ado qilgach, koʻzlariga yosh keldimi?

Zohidni bu kabi savollar uncha qiynamadi, chunki Oysanamning koʻz yoshlar ta’sirida emas, kimningdir da’vatiga koʻra kelganiga koʻproq ishonardi. Bunaqa hollarda maslahatchilar koʻp boʻlishini bilgani uchun «Uni huzurimga kim yubordi?» degan muammoga javob izlash ham Zohid uchun aytarli ahamiyatli emasdi. U Oysanamning oʻz oyogʻi bilan kirib kelganidan foydalanib, kechagi soʻroq paytida eshitgan ma’lumotlarini solishtirib, tekshirib olish payida edi.

«Attorning qutisida yoʻq gaplar»ning tugab qolgani Zohidni soʻroqni boshlashga da’vat etdi.
— Opa, u voqeaga sakkiz oy boʻlyapti. Koʻp narsalar xayolingizdan koʻtarilgandir. Ba’zi narsalarni soʻrasamu eslolmasangiz, hijolat boʻlmang, — dedi Zohid mehrli ohangda. U «samimiy tarzda gapirsam, ayolning koʻngli yumshab, koʻproq gap olarman», deb yanglishdi. Oysanam birgina shirin soʻzga koʻngli iyib ketadigan toifadan emasdi. Bolaligidagi qiyinchiliklar uni to muddaoga yetmagunicha suv kelsa simirishga, tosh kelsa kemirishga oʻrgatgan edi.

Bu xonadagi ayni holatning ajablanarli yeri shunda ediki, tergovchi boʻlmish Zohid roʻparada oʻtirgan xushsurat ayolning, huquqshunoslik tili bilan aytilganda hozircha jabrlanuvchi va qisman guvohning koʻngli yumshashidan umidvor edi.

Yoshlik goʻzalligi bilan vidolashishni istamayotgan Oysanam esa, Zohiddan farqsiz oʻlaroq, qarshisidagi «gʻoʻr» tergovchining koʻngli yumshashi oqibatida talabini amalga oshirish umidi bilan oʻtirardi. Zohidning gaplarini eshitgach:
— Soʻroqlaringizga toʻppa-toʻgʻri javob beraman. Ke-yin akamni chiqarib yuborasizmi? — deb soʻradi.

Zohid «Oʻzimning ham shunday niyatim bor edi, ammo, akangizning qamoqda oʻtirgani oʻzi uchun foydali. Balki unda birovning qasdi bordir, balki eringizning qotili akangizni ham daf qilar?» deb niyatini oshkor qilishdan oʻzini tiydi. Ayolga tikilib turib, istehzoli jilmaydi-da:
— Opa, bunaqa oldi-berdi bozorda boʻladi. Bu yer prokuratura, — deb ayolning popugini sal pasaytirgach, soʻroqni boshladi: — Akangiz eringizning yoʻqolgani haqidagi xabarni sizga qay vaqtda aytdilar? Taxminan peshin paytlari edimi?
— Yoʻq, kech kiruvdi. Soat oʻntakam toʻqqiz edi.

Oysanamning oʻylab oʻtirmay aniq javob qaytarishi Zohidning e’tiboridan chetda qolmadi.
— Demak, yigirmayu ellik. Shu aniqmi? — deb soʻradi ayoldan koʻzlarini uzmay.
— Aniq. Oʻgʻlim Maskovdan beriladigan «Xayrli tun»ni yaxshi koʻradi. Stepashka bilan choʻchqachaning gaplari tamom boʻlib, multfilm boshlanganida akam kirib keluvdilar.

«Toʻgʻri», — deb oʻyladi Zohid, Eshpoʻlatovning soʻroqdagi javobini eslab. Eshpoʻlatov uyga kirib kelganida singlisi bilan jiyanining multfilm koʻrib oʻtirishganini aytgan edi. Har ikki javobning bu qadar bir-biriga aniq mos kelishi Zohid uchun muhim bir ilgak kabi tuyuldi.
— Eringiz ertalab ishga bormagan, oʻynashinikida ham yoʻq, — Zohid bu safar dangaliga «oʻynashi» de- di-yu, gapi qanday ta’sir etishini bilmoq uchun bir nafas sukut qildi. «Oʻynash» degan soʻzdan Oysanam gʻashlanmagach, Zohid gapini davom ettirdi: — Akangiz bu orada uyingizga bir kelib ketmadilarmi?
— Kelib-ketdilar, lekin indamadilar.
— «Nega bir oʻzingiz keldingiz, erim qani, kechasi ham kelmadi», deb soʻramadingizmi?
— Soʻrab nima qilaman? Akam yoʻllari tushsa choy-poy ichgani kirib turardilar. Erimning ulfatlari koʻp. Koʻpincha tongotar oʻtirishadi. Kelmay qolishlariga koʻnikib ketganman.
— Faqat ulfatlarinikida qolarmidilar?
— Maqsadingizni ochiqroq aytavering: oʻynashi demoqchimisiz?
— Oʻynashlari borligini bilarmidingiz?
— Bilardim, lekin boshqalarga oʻxshab kuyib-yonmasdim. Xudo insof bersin, derdim.
— Koʻnglingiz keng ekan.
— Keng boʻldi nima-yu, tor boʻldi nima? Unisi ham bir balo, bunisi ham. Hozir oʻynash tutmaydigan erkak bormi oʻzi?
— Agar dunyoga sizning koʻzlaringiz bilan qaralsa, yoʻqdir?
— Keling, bu haqda gaplashmaylik, — dedi Oysanam qoʻl siltab. — Men institutlarda oʻqimasam ham, hayotning har qanaqa darslarini koʻrganman. Siz «meni eringizga oʻxshatmang, oʻynashim yoʻq», demoqchisiz-da, a? Toʻgʻri, hozir yoʻqdur. Hozir yoshsiz.Er-xotin bir-birlaringizning jonlaringizga tekkaningiz yoʻq. Yana besh-oʻn yildan keyin har qanday suluv xotin ham eri uchun «puf sassiq» boʻlib qoladi. Koʻngil yangisini tusayveradi. Xotinidan besh battar isqirtroq boʻlsa ham mayli, yangisi topilsa bas! Siz bilan oʻshanda gaplashaman, uka.
— Keling opa, bu haqda hozir ham, besh-oʻn yildan keyin ham gaplashmaylik. Shu topda ikkalamiz hal qilib oladigan boshqa muhimroq muammo bor. Demak, akangiz kelganlarida oʻgʻlingiz bilan televizor koʻryatuvdingiz, a? Qaysi multfilm edi, esingizdami?
— Multfilmni erimning oʻlimiga nima aloqasi bor? — dedi Oysanam norozi ohangda.
— Qanday aloqasi borligini keyinroq aytaman sizga. Hozir esa eslashga harakat qiling. — Zohid «bu xonaning egasi menman, savol berdimmi, demak, javob olishim shart», deganday stol ustiga ikki-uch chert-di. Oysanam uning barmoqlariga qarab qoʻydi-da, soʻng nigohini deraza osha tashqariga qadadi.
— «Senimi, shoshmay tur!» emasmidi? — deb yordam bermoqchi boʻldi Zohid.
— Yoʻq, u emasdi. Ha, «Vinni Pux» edi. Akam kirib kelganlarida oʻgʻlim «Ana, Vinni Pux togʻam keldilar», deb, mendan quloq choʻzma yevdi.

«Bunchalar aniqlik! Bunchalar xotira! Erining yoʻqolgani haqidagi tashvishli xabar, soʻng oʻlikning suvdan topilgani... bu gʻam-alamlar ham xotiraga ta’sir etmabdi-da? Xoʻp, buning-ku oʻgʻli «Vinni Pux togʻam keldilar» degan ekan, Eshpoʻlatov-chi? U multfilmni nega eslab qoldi?» Zohid shu oʻrinda kalavaning bir uchini topganday koʻngli yorishib, savol-javobni shu mavzu atrofida davom ettirdi:
— Multfilmni oxirigacha koʻrdingizmi?
— Men choy damlagani turdim. Oʻgʻlim togʻasi bilan birga oʻtirib koʻrdi.
— Demak, akangiz xavotirlarini sizga darrov bildirmaganlar?
— Shunaqa boʻldi. Meni qoʻrqib ketmasin, degandirlar. Bir piyola choyni sovutib ichib, keyin aytdilar.
— Nima deganlari esingizdami?
— «Ering yoʻqolib qolganga oʻxshaydi, nima qilamiz, milisaga xabar beramizmi?» dedilar.
— Siz nima dedingiz?
— Nima derdim, yuragim shuv etib ketdi. Qoʻllarim qaltirab, gapirolmay qoldim. Oʻzi ertalabdan koʻnglim gʻash edi.
— Demak, sal oʻzingizga kelvolib, soʻng militsiyaga xabar qildinglarmi?
— Yoʻq, avvaliga oʻrtoqlarini chaqirtirdim. Bolalikdan birga katta boʻlgan ogʻaynilari bor, menga ishonmagan sirlarini ham oʻsha kishiga aytardilar.
— Tolmas Xayrievmi?
— Ha, bularni oldingi tergovchiga ham aytganman.
— Bilaman.

Shu payt eshik ochilib, ostonada Hamdam Tolipov koʻrindi. «Ie, band ekansan-ku, chiqib turaymi, nima qilay?» deganday Zohidga savol nazari bilan qaradi. Xona sohibidan bir ishorat boʻlmagach, «gaplari zarurmasdir», degan fikrda ichkari kirdi-da: «Qalaysan, oʻrtoq prokuror!» deb soʻrashdi. Soʻng ziyrak nigohini Oysanamga qadab, u bilan ham salomlashdi. Zohid Hamdamning hech bir lutfsiz toʻgʻri kirib kelaverishiga koʻnikib qolgani uchun unga «sabr qiling», deb ishora qilmagan edi. Soʻroqni uning ishtirokida davom ettirgisi kelmay, Oysanamning qoʻlidan ruxsatnomani olib, imzo chekdi-da:
— Bir-ikki kundan soʻng yana uchrashamiz, — dedi.

Oysanam suhbatning bu qadar kutilmagan tarzda uzilishiga sababchi boʻlgan Hamdamga norozi qiyofada bir qarab oldi-da, ilojsiz ravishda oʻrnidan turdi. Soʻng:
— Akamni qachon chiqarasiz? — deb soʻradi.
— Vaqti kelganda aytamiz.

Bu gap Oysanamga yoqmadi, shart burildi-yu, «xayr» ham demasdan xonadan chiqdi.
— Kim boʻldi bu xonim, dimogʻiga kuya pashsha oʻtirib ketgan-ku, a?

Zohid uning kimligini aytgach, Hamda Tolipov uzun hushtak chalib qoʻydi-da:
— Nega hushtak chalganimni bildingmi? — deb soʻradi.
— Bilmadim, — dedi Zohid qogʻozlarini tortmaga sola turib.
— Bir odam «hamma narsaga qodirman», deb maqtanganida Afandi shunaqa hushtak chalib, «shu hushtagimga toʻrtta tugma qadab ber-chi», degan ekan. Sen yana hushtakka tugma qadamoqchimisan?
— Kinoyangizga tushunmadim?
— Kinoya emas, boʻladigan gap bu. Yana asadbeklarning obreziga burningni tiqmoqchimisan?
— Har holda tekshirib koʻrish kerak.
— Mirkarimovning oʻlganiga yarim yilcha boʻldi shekilli, a?
— Sakkiz oy, — deb aniqlik kiritdi Zohid.
— Ana, sakkiz oy! Ilyosov ishni bekorga choʻzmaydi. Senam choʻzaver, boshingni ogʻritma.
— E, aka, ogʻrib turmaydigan boshning kimga keragi bor. Ochigʻini aytsam, bu safar Asadbekning koʻchasiga qarab yurmayman.
— Ie, nechuk?
— Mirkarimovning asadbeklar bilan bogʻliqligi bor. Yana bir tomoni Hosilboyvachcha. Lekin Mirkarimovni ularning odamlari oʻldirmagandir, deb turibman.

Hamdam yana bir marta istehzo bilan «Nechuk?» deb qoʻyib undan izoh kutdi.
— Kecha oʻlikni yorib koʻrgan ekspert bilan gaplashgandim. Mirkarimov oʻldirilib darrov suvga tashlanmagan, bir-ikki kun yerga koʻmilib qoʻyilgan, deb taxmin qilyapti.
— Taxmin qilyapti? Nima, anigʻini bilmas ekanmi?
— Aniq bir qarorga kelolmagani uchun xulosaga yozmagan ekan.
— Obbo... anigʻini bilolmasa oʻlikni tamosha qilish uchun yoribdimi? — Hamdam shunday deb oʻylanib turdi-da, keyin gapini davom ettirdi: — Unda bir ish qilasan. Xoʻjayinlarning nimasi koʻp, majlislari koʻp. Kunda bir-ikki majlisni ovlashmasa yeganlari ichlariga tushmaydi. Mirkarimovning yoʻqolgani haqida qachon xabar berilgan?
— Oʻn toʻqqizinchida.
— Demak, sen oʻn beshinchidan to oʻn toʻqqizgacha boʻlgan majlis axborotlarini titib chiq. Qaysi kundan boshlab majlislarda yoʻq boʻlganini bilsang, kalavaning uchini topasan. Keyin mijgʻovlanib, ezilaverma. Senga ming marta aytganman: masalani shartta-shartta hal qil. Bitta-yarimtaning burni qonasa hech nima qilmaydi. Mana, kechagi ishim: yigirma sakkiz yashar yigit boshini devorga uraverib oʻlib qolganmish. Afgʻonda yaralangani uchun bir xil paytda oʻzini bilmay qolarkan. Oʻlikni yoradiganlaring shunaqa xulosa yozib berishibdi. Oʻlikning otasi ham, xotini ham «ichvolib boshini devorga uraverdi», deb turishibdi. Oʻlikning boshini ushlab qarasam, suyak yoʻq hisob, maydalanib ketgan. Shunaqa boʻlishi mumkinmi?
— Qattiqroq urgan boʻlsa...
— Yoʻ-oʻq... — Hamdam oʻzining topqirligidan oʻzi mast boʻlib, quvlik bilan kuldi. — Qattiq urganda ham, bitta yoki ikkitada hushidan ketadi. Suyak maydalanib, joni chiqqunicha uravermaydi. Xoʻsh, men nima qildim? Shartta xotinini chaqirdimu qamab qoʻydim, homiladorligiga ham qaramadim.
— Shunaqa ishlaringiz bir kunmas bir kun...

Hamdam Zohidning gapini boʻldi:
— Boshimni yeydimi? Men bir narsaning isini sezmasam, qoidadan chiqmayman. Senga oʻxshab savol-javob qilib oʻtirsam, ish bitmas edi. Xotinga bir kecha yetarli boʻldi: ertalab hammasini aytdi: ota-bola orasida urush chiqib, oʻgʻil otaga hamla qilgan ekan. Ota esa tayoq olib bolasini uravergan. Endi senga maslahatim: «gumondagi shaxs» deginu bitta-ikkitasini oʻtqizib qoʻy. Qamoqdan oʻlguday qoʻrqadigan odamlar koʻp bu dunyoda. Bittasi indamasa, ikkinchisi albatta gullaydi.

Zohid bunga oʻxshash nasihatlarni avval ham yetarli ravishda eshitgani uchun kulimsirab qoʻya qoldi. Hamdam bu kulimsirashning ma’nosini oʻqib:
— Tushunarli, sening vazifang — qamash emas, balki adolat tantanasi! — deb qoʻydi. Soʻng unga savol nazari bilan qaradi: — Kecha oqsoqolni koʻrgani bormabsan-ku?

Kecha telefonda gaplashganlarida Zohid mayor Solievni yoʻqlab bormoqchiligini aytgan, Hamdam esa bosh qashishga ham vaqti yoʻqligini bildirgan edi. Aksiga olib, Zohidning ekspertizaga oid ishlari choʻzilib, kasalxonaga borolmadi. Zohid shu sabab tufayli borolmaganini uzr ohangida aytdi-da:
— Oʻzingiz oʻtganga oʻxshaysiz? — deb soʻradi.
— Oʻtdim. Oqsoqolning kayfiyati chatoq, — dedi Hamdam. — Endi ishga qaytolmasligidan siqilyapti. Bu ham mayli, — Hamdam shunday deb chalishtirib oʻtirgan oyoqlari oʻrnini almashtirdi, — ustozing «Qassob»ga achinyapti. Indamasam, koʻz yoshi qiladigan. Yurak qolmabdi oqsoqolda.
— Qoʻysangiz-chi, ba’zan oshirib yuborasiz.
— Oshirayotganim yoʻq. «Yomon oʻlim topdi», deydi. «Hayot uni jinoyat koʻchasiga kirishga majbur qilgan», deydi. Qassobning onasi fohisha boʻlgan ekan, bolaligida koʻp ruhiy azoblar tortgan ekan...
— Maqsud akaning gaplarida jon bor. Koʻp jinoyatlarning ildizini aynan bolalikdan izlash kerak. Hayotdan zada boʻlgan bolaning jinoyatga kirishi oson. Lekin tergovda ham, hukm chiqarishda ham bu sabablar, bu ruhiy holatlar hisobga olinmaydi. Hukm uchun jinoyatning oʻzi muhim.
— Ana endi oʻzing oshirvording. Sening shu olimliging oʻzingni qiynaydi. Hayot deysan, a? Nima, dunyo-dagi hamma fohishalarning oʻgʻillari ulgʻayganida xotinlarni oʻldirib, goʻshtidan chuchvara tugib yeb yurishibdimi? Ertaga Mirkarimovingning qotilini topgin-da, keyin «buni hayot majbur qilgan», deb qoʻyib yubor. Menam cholning pattasini qoʻliga berib qoʻya qolay. Har holda uni ham hayot majbur qilgan.
— Hamdam aka, gapimni toʻgʻri tushunmadingiz?
— Toʻppa-toʻgʻri tushundim, ogʻayni. Men uchun ikki odam bor: jinoyatchi va jabrlanuvchi. Orada hech qanaqa hayot yoʻq. Agar menga qoʻyib berishsa, Mirkarimovingning qotilini qidirib, ovora boʻlib yurmas edim. Nimagaligini bilasanmi?
— Taxminan bilaman.
— Taxminani hisobmas. Sen qotilni topginu ke-yin Mirkarimovni tiriltirgin-da, «Oʻrningizda qotilingiz yota turadi», degin-chi? Senga rahmat ham demay, ablaxligini kelgan joyidan davom ettiraveradi. Sen qilayotgan ishimizning jamiyatga foydasini gapirishini yoqtirasan. Xoʻp, bir ablahning qotilini topishdan qanday naf bor?
— Nima uchun uni ablah deyapsiz?
— Asadbekning nushxoʻrdini yalab yurgan odam yaxshi boʻlmaydi. Unga birov qasd qilmagan, uning oʻzi oʻlimini sotib olgan. Nushxoʻrdga qanoat qilmay, dasturxondagi laganga qoʻl uzatib boʻkkan u.
— Yaxshi taxmin aytdingiz, oʻylab koʻrish kerak.
— Oʻyla, prokuror. Sen olim bolasan, oʻylamasang hisobmas. — Hamdam shunday deb soatiga qarab olgach, oʻrnidan turdi. — Prokuror, bir soat vaqtim bor. Xohlasang, mishmishxonamga oʻtib, lagʻmonxoʻrlik qilaylik. Menga atalgan gaplaringni oʻsha yerda aytarsan. Keyin men ishimga ketaman, sen esa... — Hamdam istehzo bilan kuldi: — oʻylab oʻtiraverasan.

Zohidga bu reja ma’qul keldi.

Lagʻmonxoʻrlik xush yoqib, Hamdam Tolipov Zohid uchun ajratgan bir soatiga yana oʻttiz daqiqa qoʻshdi. Har narsada tartibni ma’qul koʻruvchi Zohidning soatga qarab qoʻyganini sezgan Hamdam, yana choy buyurgach:
— Ishga men shoshyapman, sen nega soatingga qarayapsan? — deb soʻradi.
— Sizni birov kutayotgan boʻlsa...
— Kutayotgan boʻlsa, kutaveradi, sen tashvishlanma. Hozir borib chol bilan kelinni yuzlashtiradiganman. Mayli, bir oz yuraklari siqila tursin.
— Shu odatingiz hali ham qolmabdi-da, a?
— Qaysi odatim? — dedi Hamdam. — Betartibligimmi?
— Ha.
— Bu odat emas, prokuror, bu — qoʻndoqda tekkan kasal. Bitta odam aytib ketgan ekan: «Yoshlikda odat qilsang — qariguningcha koʻnikasan, qariganingda odat qilsang — koʻnikkuningcha koʻmilasan.» Zoʻr gap ekanmi? Shunaqa, ogʻayni, hali yoshmiz, qarigunimizcha aqlimiz kirib qolar. Qariganda ham quyilmasam, buning dorisi bor: goʻrimga olib ketaman. Ih, esdan chiqay debdi-ku, ertalab boʻshmisan?
— Ha, nima edi?
— Bugun yarim kechadan boshlab ochlarning yurishi boshlanadi. Mahmud

Ehsonovingning eson-omon koʻmilganiga oʻn toʻqqiz kun toʻlishi munosabati bilan katta tantanalar boʻladi. Qoʻrqma, osh bizga ham yetadi, kamida uch-toʻrt yuz kilo guruch damlanar, borasanmi?
— Yoʻq, — Zohid oʻylab oʻtirmay rad javobini aytdi-da, soʻng hazil tariqasida izoh berdi: — qornim toʻq.
— Meniki ham toʻq. Lekin men oshxoʻrlikka emas, tamoshaga boraman. Bormasam yegan lagʻmonimni hazm qilolmayman.

Oshxona xizmatchisi damlab kelgan choydan bir piyoladan ichishgach, qoʻzgʻolishdi. Hamdam yoʻlovchi mashina toʻxtatib, ketdi. Zohid esa piyoda yurgisi keldi. Kechagi izgʻirindan soʻng kun birdan ilib, fasllar kurashida endi bahorning qoʻli baland kelganidan dalolat bergan edi.

Zohid adolat xususida fikr yuritguday boʻlsa, bahor faslini koʻz oldiga keltiradi. «Bahor ham, adolat ham beqaror, — deb oʻylaydi u. — Ularni intiqib kutasan, endi koʻz quvonib, koʻngil yashnagan paytda ikkovi ham odam zotiga xoinlik qiladi».

Zohidning bunday fikr qilishi bejiz emas. Bahor oʻz oʻrnini jazirama yozga boʻshatgani kabi adolat ham chekinib, nohaqlik roʻparasida ojiz boʻlib qoladi. Bahor bilan adolatning faqat ramziy ma’nodagina oʻxshashligi mavjud. Aslida esa bahorning kelib-ketishi inson hukmida, yoki istagida emas, tabiatning oʻzgarmas qonuni ekanini hamma biladi. Bahordan farqli oʻlaroq, adolat tabiat hukmida emas, balki u inson aql-idroki, irodasi, maqsadi yoʻlidagi xatti-harakatiga bogʻliq. Inson bolalari istasalar adolat qiladilar, istamasalar — yoʻq. Adolatga yetganlarida suyunadilar, nohaqlik jariga qulasalar faryod chekadilar. Kechagi quvonchlarini unutib, «bu dunyoda adolat yoʻq!» deb nolalar qiladilar. Shunday onda «Birodar, nohaqlik jari labida oʻzingiz yurdingiz, oʻzingiz toydingiz, oʻzingiz quladingiz. «Toʻgʻri yoʻldan yuring», deyilsa «menga shunisi ma’qul» dedingiz. Hadeb jar yoqasida yuradigan kimsa har qancha ziyrak, har qancha tiyrak, chaqqon boʻlmasin, bir kunmas bir kun baribir qulaydi...» deb koʻring-chi?

Zohid bular haqida koʻp fikr yuritgan. Jinoyat qilib qoʻyib, aybini boʻyniga olmay «Men tuhmatga qoldim», deb zorlanuvchilarni koʻrganida ularga jar yoqasida yurmoqning xavfli ekanini tushuntirmoqchi ham boʻlgan. Keyinchalik esa bu harakatidan natija chiqmasligini bilib, bas qilgan edi.

Bahorning xush yoquvchi havosidan koʻngli yorishgan Zohid hozir bularni oʻylamas, xayoli Hamdam Tolipovning taklifi bilan band edi. Garchi «qornim toʻq», deb taklifni rad etsa-da, ma’rakani bir tamosha qilgisi keldi. «Har holda Asadbek akalik maqomida turib mehmonlarni kutsa kerak, — deb oʻyladi u. — Asadbek tanigan-tanimagan, ma’rakaga taklif etilgan-etilmagan necha yuz toʻq odam ta’zim qilib keladi. Bularning orasida qanchasi umrida Mahmud Ehsonovni bir marta ham koʻrmagan. Lekin oshga kelaveradi. «Osh yegani keldim», demaydi, «marhumning hurmati», deydi. Aslida shu oshni yemasa ochdan oʻlmaydi. Maqsad — osh yeyish emas, balki Bek akalariga bir koʻrinish berib qoʻyish. Gapdan gap chiqsa, bu niyatni ham tan olmaydilar. «Marhumning hurmati» deb tirjayib turaveradilar. Qiziq, marhumning hurmatini osh belgilaydimi? Uch yuz kilo guruch damlansa — oʻlikning hurmatiga gap yoʻq! Yuz kilo damlansa hurmat sal mundayroq, ellik-oʻttizda esa shunga yarasha. «Yigirma oshi» berilmasa marhumning hurmati umuman yoʻq boʻladimi?.. Akam oʻlganlarida oʻn besh kilo guruch damlab osh damlaganidik. Demak, hurmat ham salkam nol ekanda?..»

Bu fikr Zohidning oʻziga malol kelib, peshonasini tirishtirdi. Yurishdan toʻxtadi.

Esida bor, akasining janozasini oʻqishdan oldin imom bir oz ma’ruza qilib, «Islomda yigirma, qirq, yil oshi degan gaplar yoʻq, bid’atlardan qochingizlar», deb ogohlantirdi. Har narsaga rozi boʻlaveradigan otasi bu da’vatga ham koʻndi. Ammo togʻasi «Voy pochcha, guvala koʻmganimiz yoʻq-ku, chogʻingiz kelmasa men beray oshni», deb gʻashga tekkach, mahalla bilan maslahatlashib, oʻn besh kilo osh damlatgan edi. «Sabzi toʻgʻrash» degan marosimga kelgan imomni koʻrib Zohid «Oʻsha kuni shunchaki bir gapirib qoʻygan ekan-da», deb oʻyladi. Ammo imom uzatilgan choyni olmagach, gapiga diqqat bilan quloq tutgan edi. «Birodar, imomning gapini olmas ekansiz, nima qilardingiz janoza oʻqitib?»

Bu gapni eshitib otasining rangi oqarib ketgan, Zohidning badanida ham gʻalati titroq uygʻongan edi.

«Biz bilib aytamiz, bilmasak, salla-choponni sizga oʻxshagan «dono»larga topshirib, yelkaga ketmonimizni tashlab joʻnavoramiz. Beradurgan oshingizning mar-humga nafi bormi? Nafi boʻlsa mayli, oʻn besh emas, yuz ellik kilo guruch damlang. «Ehson qilish kerak», deb oʻrgatishgan-da, sizga? Ehson, birodar, nochorlarga qilinadi. Toʻq odamlarga emas. Agar ertaga nochor, choponi yirtiq odam kelsa, unga «toʻxta, avval bu toʻqlar toʻyib olishsin», deysiz. Yo demaysizmi? Nochorga yoki gadoga sarqitni berasiz. Shumi, sizning ehsoningiz?»

Oʻshanda imom shu gaplar bilan kifoyalanib, chiqib ketgan edi. Oz gapirsa ham yurakni tilib, tuz sepib qoʻyganday boʻlgandi. Koʻp ogʻir gaplarni ichiga yutuvchi otasi bu malomatni hazm qila olmay, chuqur «uf» tort-gandan keyin xoʻrsinib: «Buning gapiga kirsam bir balo, kirmasam yana bir balo» deb qoʻygandi.

Akasining oʻsha ma’rakasida Zohidga juda qattiq ta’sir qilgan yana bir voqea yuz bergandi. Zohid u damda oʻlim larzasidan qutilmagan, butun borligʻiyu ruhi karaxt holatida edi. Imomning aytgan gaplarini, ma’raka qilish shartmi yo lozim emasmi degan muammoni hazm qilmay turib, ertalab...

Ma’raka oshiga kelayotganlar orasida qotillarning otalari, akalarini koʻrib avval hayratdan dong qotdi. Soʻng dod deb yuboray dedi. Dadasiga qaragan edi, u «jim boʻl, oʻzingni bos», degan ma’noda labini qimtib qoʻydi. «Bu qanaqasi oʻzi, uyalmay-netmay osh yegani kelishyaptimi? Tomoqlaridan ovqat qanday oʻtadi?» degan oʻyda ularning izidan hovliga kirib osh oshashlarini koʻrmoqchi boʻlgan edi. Oʻshanda otasining ta’qib etuvchi nigohiga boʻysunmay ichkariga kirganida ularning nomigagina non tishlab, oshdan bir choʻqimgina yeganlarini koʻrgan boʻlardi. Ana oʻshanda ularga naqadar ogʻir ekanini tushunardi. Ularning ne hijolatlar bilan bu xonadonga yaqinlashganlari Zohidga noma’lum edi. Yaxshiki, Zohidning otasi vazmin tabiatli odam. Agar oʻzini tutolmay «Senlarning oʻgʻillaring mening oʻgʻlimni oʻldirdi», deb la’natlay boshlaganida, unga Zohid qoʻshilganida nima qila olishardi, boshlarini ham qilib izlariga qaytishdan oʻzga chora topa olarmidilar? «Mingdan ming rozimiz, ana oʻgʻillarimizni oʻz qoʻlingiz bilan oʻldiring, xun oling, xumordan chiqing», deganlarida ham malomatdan qutula olmas edilar-ku?

Oʻsha manzara koʻzi oldiga kelgach, Zohid Hamdamga qoʻshilib ertalab beriladigan oshga borishni istab qoldi. Chuvrindining fojiasi sababini aniq bilmasa ham, «qasddan oʻldirilgan», degan taxminda yurgan Zohidning nazarida nahorgi oshga qotil ham keladiganday edi. Ha, buyurtmachi emas, aynan qotilning oʻzi! Balki... aksi boʻlar, qotil emas, buyurtmachilar savlat toʻkib kelishar? Tumonat odamlar orasida ularni ajratib olish mumkinmikin?

Mirkarimovning «yigirma oshi» ham shunday boʻlgandir? Birovlarning qoʻllaridan ajal topgan boshqalarning ham, endi oʻlim topadiganlarning ham ma’raka oshlari aynan shunday boʻlar?.. Qotillar qonga belangan panjalari bilan osh oshab, soʻng oshpazga tasannolar aytib, tishlarini kavlab, kekirib chiqishar?...

Dunyoning mana shu muammolarini yechishga Zohidning aqli qosirlik qilardi.

2

Ostonada kutib olgan xotini «Qaerlarda yuribsiz, ustozingiz ikki soatdan beri kutib oʻtiribdilar», dedi. Bu gapni eshitgan Zohid mayor Solievni koʻz oldiga keltirib «Kasalxonadan chiqibdilarmi?» deb oʻyladi. Oʻrta xonaga oʻtib divanda oʻtirgan Habib Sattorovni koʻrdi-yu, avval bir oz ajablandi: koʻpdan beri koʻrishmagan ustozining tashrifini u sira kutmagan edi. Habib Sattorov uning taajjubini sezib, kulimsiradi-da:
— Teskari zamon hozir, azizim, kichiklarni ziyorat qilish kattalarga lozim qolgan, — deb koʻrishdi.

Zohid aybdor ekanini tan olib, «ishlar koʻp» degan ma’nodagi uzrini aytmoqchi edi, Habib Sattorov gapirtirmadi:
— Tushunaman, sendan gina qilmayman. Oʻgʻri-muttahamlar koʻpayib boraversa sen bilan uchrashish tobora qiyinlashaveradi. Qara-ya, bu yerda ham matematik yechim bor.

Zohid ustozining roʻparasiga oʻtirgach, xotini choyni yangilab keldi-da «kutaverib lanj boʻlib ketgan palovni» olib kirishga ruxsat soʻradi.

Osh chindan ham lanj boʻlgani sababli koʻp yeyilmadi.
— Ishdan boʻshaganimni bilasan, — dedi Habib Sattorov qoshiqni chetga surib.
— Maskovga ketib qoldingizmikin, devdim, — Zohid shunday deb oʻrnidan turdi-da, laganni olib, ostonada paydo boʻlgan xotiniga uzatdi. Habib Sattorov xotinning «voy, yemabsizlara, domla», degan lutfiga e’tibor bermay:
— Shunaqa fikr ham tugʻilgan edi. Keyin bu kalladagi formulalarini nari surdim-da, odamga oʻxshab oʻyladim, — dedi, soʻng kulimsirab davom etdi: — Ha, olimlik libosidan chiqib, besh daqiqa rosmana odamga aylandimu oʻyladim. Kimga oʻxshab oʻyladim, bilasanmi? Ukamga oʻxshab fikr yuritdim. Rahmatli meni koʻp tanqid qilardi. «Hayot faqat ilmdan, formulalardan iborat emas», dedi. Shunaqa derdi-yu, lekin jinnixonada yotganida oʻzi hayot formulasini kashf qilibdi. Senga aytganmidim?
— Haqiqat nolga tengmi?
— Qoyilman, esingda ekan. Lekin bu aksioma emas, bu... shunchaki uning taxmini. Men badbin odamning taxmini deganman. Mening institutdan haydalishim haqiqat nolga tengligining isboti emas. Hatto ukamning oʻlimi ham formulasining toʻgʻriligini anglamaydi. Bular — kichik shaxsiy fojialar sanaladi. Haqiqat esa oliy tushuncha.
— Atom zarralarining birlashishi-chi?
— Sen bunaqa chuqurlashma. Sen mening arazlab Moskvaga ketib qolishimga ishongansan, yana boshqa odamlar ham ishonishgan. Lekin men oʻyladim: «Sen kimsan?» deb oʻzimga oʻzim savol berdim. «Seni kim oʻqitib, odam qildi? Kim qorningni toʻygʻazdi? Dalada zaharli tuproq yalab mehnat qilayotgan dehqonning hisobidan oʻqib, shu darajaga yetding. Nega endi toʻplagan bilimingni oʻsha dehqonning farzandiga emas, Moskvadagi yoki Londondagi bir ta’viyaga berishing kerak?» dedim. Ha, gaplarimdan gazetaning hidi kelyaptimi? Yoʻq, sen bunaqa ajablanma. Men rostdan ham shunday oʻyladim. Oʻyladim-da, roʻparamga bir masala qoʻyib, uni yechdim. Buning uchun eng avval oʻzim oʻqigan maktabga bordim. Matematika, fizika muallimlari shu darajada qoloqki, yigʻlab yuboray dedim, ishon. Men oʻqigan davrdagi saviya qanday boʻlsa, oʻzgarishsiz turibdi. Hatto, nazarimda saviya nolga qarab ogʻganday tuyuldi. Qara, yana zamonga nisbatan teskari proportsionallik. Fan rivoji qay darajadayu, maktabdagi saviya qanday tubanlikda. Bolalar Bernullini yoki Eynshteynni bilmasa chidash mumkindir. Lekin Xorazmiyni bilmaydi, Fargʻoniyning nomini umuman eshitishmagan. Maktabda oʻqiyotganimda men ham shunday edim. Bolalarim ham shunday boʻlsa, nabiralarim ham shu tubanlikda qolaversa, Londonga borib ma’ruza oʻqiganimdan nima foyda? Yana qancha avlod chala ilmga qanoat qiladi? Xullas, shu tariqa men masalaning eng toʻgʻri yechimini topdim. Qanday, deb soʻramaysanmi? Mening darslarimda savolga tutishni yaxshi koʻrarding-ku?
— Savol beraman, avval masalaning mohiyatini tushunib olay.
— Mohiyatni tushunish qiyin emas. Ozgina tuygʻu boʻlsa kifoya ekan. Bilmadim, bu tuygʻu menda qaydan paydo boʻldiykin? Yo ukam oʻlib, tuygʻusi menga meros sifatida koʻchdimikin? Ruhshunoslarda shunaqa taxminlar ham bormikin, bilmaysanmi?
— Shunga yaqin gapni eshituvdim. Qaysi bir din aqidasiga koʻra odam oʻlsa ruhi hayvonlarga koʻcharkan.
— E, yoʻq, bu gaping oʻtmaydi. Ukamning ruhi hayvonlarga koʻchadigan ruhlardan emas. Har holda oʻzimga ham gʻalati tuyulgan tuygʻu bilan masalani yechdim: hozir maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlayapman. Bir-ikki ogʻaynilarim meni hatto telbaga chiqarishdi. Nima, fan doktori, professor maktabda ishlashi uchun jinni boʻlishi kerakmi? Bolalar menga «ustoz» deb murojaat qilishadi. Institutdagi «Habib Sattorovich» bilan «ustoz» degan soʻz orasida farq bormi? Birinchisida samimiyat yoʻq, a? Shirin til bilan aytilsa ham, bu shirinlikning ortida ba’zan zahar turadi. Ikkinchisi juda-juda samimiy, begʻubor. Bu shirin tilning ortida zahar yoʻq, munofiqlik yoʻq. Bilasanmi, men hozir qanday ahvoldaman? Balchiqdan chiqib, yuvinib, toza havo olayotgan odamga oʻxshayman. Hatto ota uyimga koʻchib keldim. Mendagi oʻzgarishdan onam ham hayronlar. Faqat... maktabda ishlayotganimni u kishiga aytmaganmiz. Aytsam... — Habib Sattorovich ayyorona jilmaydi, — balolarga qolaman. Mana, mendagi oʻzgarishlarning natijasi oʻlaroq, seni yoʻqlab keldim. E’tibor qilgan boʻlsang, shoshilmayapman. Mening oʻrnimga sen bezovtasan. «Domla chindan aynibdi, gapini tugata qolsa-yu, ketsa, men chala ishlarimni bitirib olsam», deb oʻtiribsan. E’tiroz bildirma, bu — aksioma! Men oʻzgarishimni senga koʻz-koʻz qilgani kelmadim. Ishingga taalluqli bir fikr bor. Endi esim joyidaligida shuni aytay.
— Sizda yana bitta oʻzgarish sezdim, aytaymi? — deb soʻradi Zohid, mugʻombirlik bilan kulimsirab.
— Albatta, — dedi Habib Sattorov.
— Kinoyaga usta boʻlibsiz. Avval unaqa emasdingiz. Masalani qisqa va aniq ravishda aytardingiz.
— Xuddi robotga oʻxshab, a? Ukam shunaqa deb tan-qid qilardi. Demak, ayniganim rost.
— Ha, rost, lekin yaxshi tomonga.
— Iltifoting uchun rahmat, azizim, endi eshit: sen matematika ilmidan yuz oʻgirib, huquq ilmini tanlading. Ikkalasi butunlay boshqa-boshqa olammi?
—Shunaqa.
— Shunaqa emas, azizim. Shunaqaga oʻxshaydi. Piramida qoidasi esingdadir? — Habib Sattorov savoliga javob kutmay, yon choʻntagidan gugurt chiqardi-da, toʻrtta choʻpni olib, uchtasining qalpoqchali boshlarini birlashtirdi. Soʻng toʻrtinchi choʻpni oʻt oldirib qalpoqchalarga tutdi. «Pov» etib yonishi hamonoq puflab oʻchirgach, qalpoqchalar kuyib, bir-birlariga yopishdi-da, piramida shakli hosil boʻldi. Shundan keyin Habib Sattorov gapini davom ettirdi: — Bu men uchun piramida. Sen uchun-chi?

Zohid ustozining maqsadini anglamay yelka qisdi:
— Men uchun ham piramida-da.
— Yoʻq, bu sening boshingni qotirayotgan jinoyatga oid ish. Demak, bu holda sen nima qilasan? Sen avval bitta choʻpni turtkilab koʻrasan. Keyin boshqasini. Lekin piramidani yiqolmaysan. Chunki piramidaning kuchi mana bu uch qismda. Sen avval mana bu birlashtirib turgan boshni ayirishing kerak. Shunda piramida oʻz-oʻzidan qulaydi. — Habib Sattorov shunday deb birlashib turgan boshchalarga asta chertgan edi, choʻplar sochilib ketdi. — Xoʻsh, nima deysan?
— Umuman... toʻgʻri.
— Unda bu gʻoyani sen shakllantir. Tuzukroq fikr uygʻonsa, xabar berarsan, aqllasharmiz. Boʻpti, men ketdim. — U shunday deb oʻrnidan turdi-yu, stol burchagidagi ikki daftar yodiga tushib, qaytib oʻtirdi. Daftarlarni qoʻlga oldi-da, varaqlab koʻrib, Zohidga uzatdi: — Bu Anvar ukamning xotira daftari ekan. Gʻalati narsalarni yozgan. Istasang oʻqib koʻr, deb olib keldim. Umuman... uning oʻlimini sizlar nima deysizlar, «baxt-siz tasodifmi?» Lekin... u jinni emasdi. Kimdir uni majbur qildi... Sizlar ruhan majbur qilgan odamni «qotil» demaysizlar, a?
— Ariza bersangiz, tekshiriladi.
— Yoʻq, ariza bermayman. Chunki arizaning oqibati ukam oʻylab topgan formulaning yechimiday boʻladi.

Habib Sattorov mulozimatni yoqtirmagani uchun Zohid «choy-poy ichib oʻtiraylik», deb manzirat qilmadi.

Ustozni katta koʻchaga qadar kuzatib chiqqan Zohid qaytar mahalida uning piramida xususidagi gaplarini bir-bir esladi. «Gʻoyada jon bor, — deb oʻyladi u,— umuman jinoyat olamini piramida desak toʻgʻriroq boʻladi. Biz uning bir ulushini choʻkich bilan urib yemirmoqni ixtiyor qilgan nodonga oʻxshaymiz. Piramidaning uchi — Asadbekmi? Unga mening kuchim yetarmidi? Gugurt choʻplarini chertib tashlash oson...»

Zohid uyga kirganda xotini dasturxon yigʻishtirayotgan edi.
— Oʻrtogʻingiz Aliqul aka keldilar, — dedi u erini koʻrib.
— Nima deydi?
— Sizda ishlari bor ekan. Ertalab kelaman, devdilar, uyda boʻlmasalar kerak, moshtabibni olib qishloqqa bormoqchi edilar, dedim. Toʻgʻri aytibmanmi, borasizmi?
— Borishim kerak.
— Mashinalarida olib borib kelarkanlar.

Bu gapni eshitib Zohid gʻashlandi. Eridagi oʻzgarishni sezgan xotini:
— Ha, gapimning nimasi yoqmadi tagʻin? — deb soʻradi.
— Men senga mashina gaplashib qoʻy, devdimmi?
— Men soʻrabmanmi, oʻzlari aytdilar. Oʻrtogʻingiz-ku, xizmat qilsalar yomonmi?
— Yoʻq, juda yaxshi, hatto zoʻr! — dedi Zohid achchiqlanib, — shu xizmati evaziga sen uning ukasini qamoqdan chiqarib berasan.
— Voy savil, hali dardi bormidi?..
— Senga ming marta aytaman: mening qachon, qaerga borishim haqida birovga hisob berma. Ertaga ishga boramanmi yo qishloqqami, birovning bilishi shartmi? «Ering qayoqqa boradi, anigʻini ayt», deb seni birov zoʻrladimi? «Bilmayman» deb qoʻya qolmaysan-mi?
— Xoʻp, boʻpti, tavba qildim, — xotin shunday deb dasturxonni yigʻishtirgach, zarda bilan oshxonaga chiqib ketdi.

Koʻngli gʻashlangan Zohid esa derazani qiya ochib, koʻcha tomonga tikildi, nechundir bu kech koʻcha chiroqlari yonmabdi.

Zohid yotoqxonaga kirgan edi, oʻgʻli koʻzlarini chirt yumib olib, oʻzini uxlaganday qilib koʻrsatdi. Oʻgʻlining odatiga u ba’zan hayron qoladi: mehmon kelsa, boshqa bolalar kabi dasturxon atrofida aylanmaydi. Onasi karovotiga yotqizib qoʻysa, uyqusi kelmasa-da, qarshilik bildirmaydi. Bu holat ba’zan bir, ba’zan ikki soat ham davom etishi mumkin. Bunaqa paytda Zohid oʻgʻliga achinib, mehmon ketgach, kech kirib qolgan boʻlsa-da, oʻgʻlini koʻchaga olib chiqardi. Bugun ham «bir aylantirib kelay» deb oʻyladi-yu, koʻcha chiroqlari yoqilmagani sababli fikridan qaytib karavotga engashdi-da, oʻgʻlining yuzidan oʻpdi. Oʻgʻli bundan rohatlanib, koʻzini chirt yumganicha qiqirlab kuldi. Keyin otasining boʻynidan quchoqlab oldi. «Boqchaga bordingmi, nima yeding, nimalar oʻynading?» kabi savollarga biyron javob bergach, bola otasidan ertak aytib berishni soʻradi. Zohid bironta ham ertak bilmasdi. Oʻgʻli ham soʻraganida bitta ertak kitob topib oʻqib qoʻyaman, derdi-yu, koʻchaga chiqqach, unutardi. Hozirgi talabdan soʻng ham shunday ahd diliga tugilib, bolasiga «hozir oying kirib aytib beradi», deb oson qutuldi. Bola onasidan ham ertak eshitolmasligini bilsa-da, bu va’daga ishondi.

Oshxonadagi ishlarini saranjomlagan xotini kirgach, mehmonxonaga chiqdi-da, ustozi tashlab ketgan daftarlardan birini qoʻlga oldi. Avvaliga daftarni hafsalasizlik bilan varaqlab, ayrim satrlarni «choʻqilab-choʻqilab» oʻqidi. Soʻng undagi ma’nolar diqqatini tortib, divanga joylashib oʻtirib oldi-da, bir boshdan oʻqishga tutundi. «Xotira daftari» deb atalmish yozuvlarning boshlanishi unga qiziq ertak kabi tuyuldi:

«Bir mamlakatning odil va dono podshosi qarilik yoshiga yetgach, taxtni oʻgʻliga topshirib debdiki:
— Ey koʻzimning nuri, umidim chechagi, bu obod mamlakatni senga topshiryapman, aql bilan ish yuritgin va uning xorlanishiga yoʻl qoʻyma. Men mamlakat boyligidan tashqari oʻzimning boyligimni ham senga topshiraman. To jonim bor ekan, sen bu xazinaning bir misqoliga ham tegmagin. Ollohning huzuriga joʻnaganimdan soʻng bu xazinani ochasan-da, miskinlarga ulashib chiqasan. Toki ularning duolaridan ruhim bahramand boʻlgay.

Oʻgʻil ham ota kabi dono ekan. Mamlakatni yaxshi boshqarib, yurtni yanada obod qilib raiyat duosini olibdi. Ammo uning bir odati bor ekanki, na saroy ahli va na shahar ahli tushunarkan. Biron bir kishining «Ey podshohim, bu qiligʻingizni tushunmoqqa aqllarimiz qosirlik qilyapti, bizga buning ma’nosini anglatib qoʻying», demoqqa yuragi betlamas ekan. Vaqtiki kelib, keksa podsho sobiq va sodiq mulozimlarini chorlab, oʻgʻlining hol-ahvolini soʻraganida ular yurak yutib, voqeani bayon qilgan ekanlar. Oʻgʻlining qiligʻidan hayratlangan podsho darhol uni chorlatib, bu harakatning ma’nosini soʻrabdi. Oʻgʻil farzandlik burchiga rioya qilgan holda debdiki:
— Otajon, siz menga xazinangizni vafotingizdan soʻng xalqqa ulashishni vasiyat qilib edingiz. Rosti men bu amrni bajarmoqqa majbur boʻlganim tufayli sizga e’tiroz bildirmoqqa jur’at etmadim. Ammo har tun shaharga chiqqanimda fonus-chiroqni oldinda emas, orqa tomonda olib yurmoqni amr etdim. Sababki, vafotidan soʻng ehson ulashmoq qora tunda chiroqni orqa tomonda yoritib bormoq kabi emasmi? Orqa tomondagi fonus yorugʻidan yoʻlovchiga na foyda, oldinda yoqib bormoq afzal emasmikin?

Ota oʻgʻlining bu tadbiridan quvonib, xazinani oʻzi ulashgan ekan.

Qissadan hissa: bizning tarix qatlarida yashirinib yotgan qancha boyliklarimiz bor? Ularni xalqqa qachon ulashamiz? Fonusni old tomonda yoqib, yorugʻ yoʻl koʻrsatish kuniga qachon yetamiz? Xolidiylar chiroqni oldinga olishga yoʻl qoʻyisharmikin?»

«Bir kar odamning hoʻkizi yoʻqolib qolibdi. Koʻchada qidirib yurib yana ham karroq odamga duch kelibdi. Ittifoqo bu odam ertalab eshak topib olgan ekan. Kar odam hoʻkizi yoʻqolganini aytib, uning shoxlari-yu, dumlarining ta’rifini keltiribdi. Karroq odam unga javoban:
— Ha, toʻgʻri, men eshagingni topib qoʻyganman, suyunchini berginu olib ketaver, — debdi.

Kar odam esa yana hoʻkizining ta’rifini qilaveribdi. Shu holda gap talashib turishganda eshagiga bir juvonni mingashtirib olgan oqsoqol koʻrinibdi. Qarangki, oqsoqol ulardan-da karroq ekan. Yoʻlni toʻsib, biri hoʻkiz, biri eshak haqida tinmay gapirayotgan odamlarga qarab «Xotinni olib qoʻyishmoqchi shekilli», deb oʻylab:
— Yaqinda xotinim oʻldi. Bu juvon begona emas, xotinimning choʻrisi edi, — debdi.

Xullas, uchovi uch xil gapirib, bahslashib, haqiqat istab qoziga kelibdilar. Xudoning qudratini qarangki, qozi ulardan battar kar ekan. Ramazon oyi yaqinlashib qolgan, agar yangi oy koʻrinsa nogʻoralar chalinib, elga ma’lum qilinishi kerak edi. Qozi ularning tinmay, bir-birlariga gap bermayotganlaridan «Ha, ular yangi oy chiqqanini koʻrishibdi-da», degan qarorga kelib, xizmatkorlariga buyuribdi:
—Hoy, nogʻoralarni chalinglar, ertaga sahardan roʻza!

Qissadan hissa: Bizning barchamiz kar boʻlib qolganmiz. Birimizning gapimizni ikkinchimiz anglamaymiz. Oʻzimizning karligimiz kamlik qilganday tariximizni ham soqov qilib qoʻyganmiz. Biz tarixning tiliga kishan urganmiz. Oʻzimizga kerak paytida kishanni yechib, gapirtiramiz, keyin esa yana mahkamlaymiz. Shunaqa paytda karligimizni ham unutamiz. «Eng kichkina ilmiy xodim» mening bu fikrimni qoʻllamadi. «Togʻda bir keksa chinor koʻruvdim, — deydi u. — Odamlar gulxan yoqaverib daraxtning badanini oʻyib yuborishibdi. Uzoqdan qarasangiz daraxt tili sugʻurib olingan odamga oʻxshaydi. Bizning tariximiz ham shunaqa.»

Sobirjonning ta’rifida jon bor. Ammo... til oʻsib chiqarmikin?..»

«Qayta qurib yotibmiz... Nimani? Buni hech kim bilmaydi. Xalq ashula ham toʻqib qoʻyibdi: «Mamlakat boʻylab qilar yurish — Misha, Raya va qayta qurish...» Qayta qurishdan faqat shu ashula qolsa kerak.

Kunlarning birida xoʻroz bilan it doʻstlashib, oʻzlari uchun qishloq qurmoqchi boʻlibdilar-da, oʻrmonga borib, joy tanlabdilar.
— Men qurishni bilmayman, sen-chi? — deb soʻrabdi it.
— Men ham bilmayman, — debdi xoʻroz.
— Unda qishloqni qanday quramiz? — deb ajablanibdi it.
— Juda oson: sen vovullayverasan, men tuproq titib qichqiraveraman. U yogʻi yana bir gap boʻlar, — debdi xoʻroz.

Bu taklif itga ma’qul kelib «ish» boshlashibdi. Bir ozdan soʻng charchashgach, it dam olib, xoʻroz poyloqchilik qilibdi. Shu onda tulki xoʻrozni koʻrib qolib, unga yaqinlashibdi-da, «nima qilyapsan?» deb soʻrabdi.
— Biz bu yerda qishloq quryapmiz, — debdi xoʻroz.
— Meniyam ishga olgin, men judayam zoʻr quruvchiman, — deb yalinibdi tulki.
— Yaxshi, — debdi xoʻroz. — Hov anavi butaning orqasida ishboshi dam olyapti. Borib uchrash, «xoʻroz aytdi», desang ishga oladi.

«Ayyor» deb nom olgan tulki shu onda nodonlik qilib itga tashlanib, dumdan ayrilib qochibdi. Bir balandlikka chiqib olgach, «quruvchilar»ga debdi:
— Men-ku, laqmaligim tufayli dumdan ayrildim, endi isnodga qolaman. Sizlarning nodonligingiz oqibatidagi sharmandalik bundan kam boʻlmasov...

Qissadan hissa: Tulki bir ahmoq hayvon, gapiraveradi. Biz ham xoʻroz emasmiz. Qayta quramiz, dedikmi, quramiz. Ammo nimani? Qayta qurishga ovora boʻlgandan koʻra buzib tashlay qolingani afzal emasmikin?

«Bir podsho» hayotni oʻrganib kel», deb oʻgʻlini dunyo safariga yuboribdi. Oradan oylar oʻtib, shahzoda saroyga kirib kelib, bir kaftida tuproq, yana birida tosh bilan otasiga roʻpara boʻlibdi.
— Dunyo kezib topganing shu boʻldimi? — deb ranjibdi podsho. — Xoʻsh, bulardan qanday ma’no uqmogʻim kerak?
— Podsho qanchalar ulugʻ, qanchalar qudratli boʻlmasin, u tuproqdan yaralgan va oqibat yana tuproqqa aylangusi. Shunday ekan, to asliga qaytguniga qadar Ollohga maqbul ishlarni qilishi, ya’ni ra’iyatga mehr-muhabbatda boʻlmogʻi shart ekan. Toshning ma’nosi esa: xazinadan yaxshilik yoʻlida foydalanilmas ekan, undagi oltinu javharlarning qadri bilan bu tosh-ning qiymati bir xildir, — deb shahzoda rivoyat aytibdi:
— Bir odam dalaga chiqib xurjun toʻla oltinni koʻmib qoʻyibdi-da, xazina koʻmilgan yerni har kuni ziyorat qilaveribdi. Qoʻshnisi uning bu qiligʻidan ajablanib, u havas bilan tikilib turadigan joyni kavlab oltinlarni olibdi-yu, oʻrnini tosh bilan toʻldiribdi. Boylik egasi kunlarning birida oltinlarini silab, rohatlanish maqsadida yerni kavlasaki, oltin yoʻq! Alamdan dod solib turganida qoʻshnisi yaqinlashib ne hol yuz berganini soʻrabdi.
— Oltinlarimni sarf qilmay koʻmib qoʻygan edim, oʻgʻirlab, oʻrniga tosh qoʻyib ketishibdi, — deb javob beribdi boylik egasi.
— Bekorga yigʻlayapsan, — debdi qoʻshnisi. — Sen kuyinmagin-da toshni joyiga koʻmib qoʻyaver. Sarf qilmaganingdan keyin bu chuqurchaga oltin koʻmilganmi yo toshmi, senga nima farqi bor?»

Oʻgʻlidan bu rivoyatni eshitgan podsho achchiqlanibdi-da:
— Demak, seningcha boylik toʻplab, saqlash shart emas ekan-da? — debdi.
— Boylikka ega boʻlmaslik yomon, boylikka ega boʻla turib undan oqillik bilan foydalana olmaslik undan-da yomonroq,— deb javob qilgan ekan dono shahzoda.

Qissadan hissa: Tarix oltindan qimmat boylikdir. Biz oʻz oltinlarimizni koʻmib qoʻyganmiz. Ovrupolik olimlar esa uni olib istaganlaricha istifoda etyaptilar. Oltinlarimizdan foydalanish oʻzimizga ham nasib etarmikin?..»

Zohid bu yozuvlarni oʻqib, oʻylanib qoldi. Koʻz oldiga Anvar keldi. Oxirgi uchrashuvlarida Anvar «Jamshidning oʻlimi bilan shugʻullanadigan odamga tayinlab qoʻying: Elchindan gumon qilib yurmasin, igʻvolarga uchmasin, Asadbekdan har baloni kutish mumkinda. Koʻr hassasini bir marta yoʻqotar ekan, koʻzi ochiqlar ikki marta yoʻqotmasin tagʻin...» degan edi. Elchin otildi, Jamshid esa tirik, Anvar oʻzini osdi... «Asadbekdan har baloni kutish mumkin...» Zohidga bu uch taqdir iplarida bir bogʻliqlik borday tuyuldi. Lekin qancha oʻylamasin, fikrlarini jamlay olmadi.

«Ikki marta jinnixonaga tushgan. Ikkinchisida oʻzini osgan... — deb oʻyladi u. — Shunday aqlga ega odam jinnixonada oʻzini ossa, nima bu, aqllilik balosimi?..»

Zohid bu savolga javob topa olmadi.

XIII bob

1

Jalil «Shorasul aka ikkovimizni oʻz oʻgʻliday koʻrar edi, bel bogʻlamasak ham borib turaylik», dedi. Asadbek oʻrtogʻining donoligidan gʻashi kelib «Ehtiyot boʻl, aqling oshib-toshib ketmasin», demoqchi boʻldi-yu, «Gap talashish fursati emas», degan fikrda tilini tiya qoldi.
— Bir narsaga e’tibor bermagan ekanman, bugun aqlimga kelib qoldi, — dedi Jalil mashinaga oʻtirgach. Asadbek «Yana nimaga e’tibor bermabsan?» degan ma’noda unga qarab qoʻydi.
— Shorasul aka ota ulfatdan oxirgilari ekanlar. Adalarimizning oshnalari tamoman oʻlib bitdi. Eng koʻp yashagan shu Shorasul aka ekanlar. Eng uzoq umr ham, eng ogʻir hayot ham shu Shorasul akaga atalgan ekan.
— Bunaqa uzoq umr bergandan koʻra Xudo ikkita oʻgʻil bera qolsa yaxshi edi.
— Sen unaqa dema, Xudoning ishlariga aralashma, tavba qil, — dedi Jalil.
— Xudoning ishlariga aralashayotganim yoʻq. Shu odamning ikkita oʻgʻli yashab qolsa, yaxshi boʻlardi, deyapman. Senga oʻxshagan kindigini oʻzi kesadiganlardan boʻlsa ham mayliydi.

Bu gapni eshitib Halimjon koʻzgu orqali orqaga qaragan edi, baloga qoldi. Jalil:
— Sen bola menga emas, yoʻlga qara, — deb jerkib berdi.

Shorasul akanikiga borishgach, Jalil keldi-ketdi bilan ovora boʻldi. Asadbek koʻrpacha toʻshalgan oʻrindiqdan joy oldi. Shorasul akani koʻmib kelganlar uzoq oʻtirmay, tarqalishdi. Fotihachilar ham kam keldi. Asadbek siqilib, bir soatga arang chidadi. Oʻrnidan turib, «ketyapman» degan ma’noda Jalilga imlab qoʻydi. Uch-toʻrt qadam qoʻymay Toʻxtaxonning eri chaqirdi. Asadbek janozada paydo boʻlganidan beri kuyov u bilan gaplashishga fursat izlardi. Asadbek uning besaranjom koʻzlaridan maqsadini anglagan edi. U chaqiriqqa binoan toʻxtab, gʻashlangan holda oʻgirildi.
— Bek aka, kechirasiz, sizdan bir narsa soʻramoqchiydim. — Kuyov Asadbekdan «Nima gapingiz bor, aytavering», degan sado kutdi. Asadbekning norozi qiyofasidan bunday lutf qilinmasligini anglab, maqsadini aytishga shoshildi: — Bek aka, uch kundan keyin uyni boʻshatishsin debsiz?
— Uyning xoʻjayini men emasman. Qaynotangning hohishi shunaqa boʻlgan. Uch kunni men qoʻshib berdim.
— Bek aka, biz qayoqqa boramiz, bola-chaqa bilan kimnikiga sigʻamiz?

Zorlanish bilan aytilgan bu gapdan Asadbekning gʻashi keldi. «Senam erkakmisan!» deb tupurmoqchi boʻldi. Darvoza ogʻzida turgan Toʻxtaxon bilan Jalilga koʻzi tushib, oʻzini bosdi-da:
— Qaerdan kelgan boʻlsang, oʻsha yoqqa borasan, — deb orqasiga oʻgirildi. Asadbekning odatini bilmagan kuyov nodonlik qilib yana gapirdi:
— Bu uyda Toʻxtaxonning ham haqqi bor.

Bir qadam qoʻygan Asadbek bu gapni eshitib toʻxtadi-yu, ammo uning basharasiga qarashni, bir nima de-yishni istamadi. Yoʻlida davom etib, yana uch qadam qoʻygach, orqadan Toʻxtaxonning ovozini eshitdi:
— Asad aka, toʻxtang, orani ochiq qilib keting.

Asadbek toʻxtab, yarim oʻgirildi-da, juvonning yonida turgan Jalilga qarab:
— Bularga tushuntirib qoʻy: toʻrt tomonlari qib-la, — dedi.
— Yuringlar, buni keyinroq gaplashamiz, hozir mavridi emas, — dedi Jalil, ziddiyatni yumshatish maqsadida.
— Yoʻq, — dedi Toʻxtaxon boʻsh kelmay, — otamning uyiga bu odam nega xoʻjayinlik qiladi? Sadir sariqqa rahmlari kelsa, ana oʻzlarining uylari boʻm-boʻsh, xangillab yotibdi, bersinlar.

Asadbek unga gʻazab bilan tikildi-yu, bir yutinib qoʻyib, teskari qaradi.
— Toʻxta boʻldi, yur, bu ishga Asad akangning dahli yoʻq, u sira aralashmagan, bu adangning vasiyatlari.
— Vasiyat boʻlsa qogʻoz koʻrsatsinlar.
— Boʻldi qil-e, buncha shangʻillaysan! — Jalil jerkib, juvonning yengidan siltab tortdi: — Bor, uyga kir.

Toʻxtaxon Jalilning amriga boʻysinib orqasiga oʻgirilishga oʻgirildi-yu, ammo tilini tiymadi:
— Qorinlari toʻyib qolgan bularning. Adamning nonlari boʻlmaganida qirilib ketishardi...

Mingʻirlab aytilgan bu soʻz oʻqlarining barchasi Asadbekning yuragiga sanchilib, qalqitib yubordi. Jalil epchillik qilib oʻrtaga tushmaganida Toʻxtaxon shart oʻgirilgan Asadbekning tepkisini yeb qolishi tayin edi.
— Past ketma! Bular pastkash, sen ularga teng kelma! — deb baqirdi Jalil.

Asadbek gʻazabini yutib, oʻgirildi-da, bu safar tez-tez yurib ketdi. Mashinaga oʻtirgach, Halimjonga:
— Akangni chaqir, — deb buyurdi. Jalil kelgach: — Uch kundan keyin bularni shaharda koʻrmay, koʻrsam, uvoli sening boʻyningga, — dedi. Keyin Jalilga bir soʻz aytishga ham fursat bermay Halimjonga «Hayda!» deb buyurdi.

Har nechuk Toʻxtaxon bilan kuyov bolaning taxti boʻlmasa-da, baxti bor ekan. Chol bundan ikki-uch oy avvalroq qaytish qilib, bu mojaro oʻshanda yuz berganida ikkovining shoʻri yomon qurirdi. Hozir Jalilning zimmasiga yuklangan vazifa Kesakpolvonga yoki Chuvrindiga aytilardi. Shunda ijro ham boshqacharoq boʻlardi. Asadbek gʻazablangan kezlari Kesakpolvonga qay tarzda, qay ohangda amrlar qilgan boʻlsa, hozir oʻzi bilmagani holda aynan shu ohangda buyurdi. Mashina bir oz yurib, oʻzi sal hovurdan tushgach, «Jalilga bunaqa deyishim kerakmas edi. Baribir eplolmaydi. Lekin gapni koʻpaytirib yuboradi. «Shaharga xoʻjayin boʻlsang ham bunaqa qilishga haqqing yoʻq,» deb boshlarimni ogʻritadi hali. Buni Jamshidga buyurishim kerak, imi-jimida toʻgʻirlaydi», deb qoʻydi.

Asadbek oʻzicha haqiqat yoʻlida bir ish qilib qaytayotgan edi. Ilgarilari ham biron bir masala xususida hukm chiqarsa, yoinki biron bir kishining taqdirini hal etsa «Ish haqiqat yoʻrigʻicha, vijdonan boʻldi», deb hisoblardi. Ammo koʻp hollarda u yanglishardi. Chunki u haqiqat degan narsa aslida haqiqat emas, toʻgʻrilik degan narsa toʻgʻrilik ham emasdi. U vijdon deb hisoblaydigan narsa aslida insoniy vijdon emasdi. Chunki zulm bilan vijdon bir tanada, bir qalbda yashay olmasligi oyday ravshan.

Bu safargi zulmga Asadbekni ayblamoq insofdan emasdir. Chunki bu zulmni Toʻxtaxon bilan kuyovning oʻzlari befarosatsizliklari tufayli sotib oldilar. Ular haqlarini talab qilib, nohaqlikning achchiq suvini ichib, qiynalishga erishdilar. Agar oradan uch kunni oʻtkazib, keyin «Mayli, otamning vasiyatlariga qarshi bormaylik, uyga da’voyimiz yoʻq, lekin bola-chaqamiz bilan koʻchada qolmaylik», deyishganida masalaning boshqacha hal boʻlishi aniq edi.

Insonni har baloga giriftor etuvchi til bir oilani boshpanasiz qoldirdi.

Asadbek uyiga ana shu koʻngilxiralik bilan qaytdi. Avval oʻgʻillari, soʻng kelinlari chiqib salom berishgach, bu gʻashlik bir oz koʻtarilgandek boʻldi. Ayniqsa kelinlarning shirin talaffuzda soʻzlashishlari, salomni ham dilni erituvchi ohang bilan berishlari Asadbekning qorongʻu koʻnglini yoritguvchi chiroqdek edi. Kelinlaridan shodlanishi barobarinda «shunday ajoyib qizlarni uzoq, notanish yurtga uzatgan qudalaridan ajablanardi. Zaynabni uzatganida necha kun bir narsasini yoʻqotgan odam kabi garangsib yurgan edi. Zaynabi shundaygina qanoti ostida, istagan onida koʻrib, sogʻinch dardiga malham topishi oson edi. Qudalari qanday chidashayotgan ekan?

Janozadan qaytgan Asadbek kelinlarining salomidan rohatlandi, ammo bu safar qudalarining sogʻinchini oʻylamadi. Zaynab kasalxonadan qaytgach, Manzura kirib, yoshlarning shahar aylanib kelish uchun ruxsat soʻrashayotganini aytdi. Ijozatdan shodlangan yoshlar ketishgach, Manzura «ovqatni suzaveraymi?» deb soʻradi. Asadbek kelgan mahalida xuddi shu savolga «qornim toʻq» deb javob bergan edi. Bu safar Manzuraning ovqatlanishni kutayotganini fahmlab, ishtahasi boʻlmasa-da, «hozir chiqaman, suzaver», dedi.

Xotinining ra’yini qaytarmaslik uchun qozonkabobdan kichikroq bir qovurgʻani olib ermak qildi. Manzuraning ishtahasi ham erinikiga bogʻliq edi. Asadbek ishtaha bilan ovqatlansa, u ham koʻngli tusaganicha yerdi. Bu safar ham odati kanda boʻlmadi, qoʻlga olingan qovurgʻaning yarmi ham yeyilmadi. «Sen yeyaver, qornim toʻq», degan da’vatga «Bolalar bilan yedim», degan yolgʻon javob ovqatlanish jarayoniga yakun yasay qoldi.

Asadbek qoʻlini sochiqqa artgach, Manzura choy qu-yib uzatdi-da:
— Qamar aka chiquvdilar, — deb «nimaga chiqqanlarini aytaveraymi?» deganday savol nazari bilan qaradi.
— Tinchlikmi, nimaga chiqibdi? — deb soʻradi Asadbek.
— Sizda maslahatli ishlari bor ekan.
— Senga aytmadimi?
— Bir uchini chiqarganday boʻldilar.
— Qani, sen ham oʻsha uchini chiqar-chi?
— Uyni sotishmoqchimishmi?
— Nega?
— Uchta oʻgʻilni uyli-joyli qilishga qiynalishayotganga oʻxshashadi. Kenjalarini uylay desalar ortiqcha xona yoʻq. Hukumatning uylaridan ikki xona-ikki xonali qilibmi sotib olishsa kerak. Samadingiz gaplashayotgandi. Qamar aka hamma dardlarini unga aytgandirlar, xotin kishiga aytarmidilar.

Asadbek xotinining gaplarini eshitib «Bugun faqat uy mojarosi boʻladigan kun ekanmi?» deb qoʻydi-yu, qoʻshnining dardiga oid biron soʻz aytmadi.

Choy ogʻziga bemaza tuyulib, piyolani dasturxon ustiga astalik bilan qoʻydi. Avvalgi davrlari boʻlganda «nima balo, xashak solib damlaganmisan?» deb toʻngʻillar yoki piyolani doʻq etib qoʻyar, yoinki jahli chiqib turgan boʻlsa, choyni sepib yuborardi. Shunda xotin bechora hadik bilan sapchib turib, boshqa choynakda choy damlab kelardi. Ammo yangi damlangan choydan ham ichilmasdi. Chunki aslida choy bemaza emas, kayfiyatning mazasi boʻlmasdi. Asadbek gʻazab otidan tushgani bilan koʻngli na ovqat, na choy tusardi. Er-xotin dam-badam bir-birlariga qarab qoʻyib, jimgina oʻtirishardi. Asadbek jagʻi-jagʻiga tegmaydiganlarga toqat qilolmas, xotinining kamgapligidan mamnun yurardi. Biroq, hozirgiday hollarda uning gapirib oʻtirishini istadi. «Nimani gapirsa ham mayli, javrab tursa bas», deb xotiniga umid bilan qaradi. Yoʻq, Manzura javramadi. Moʻ’minalik libosini yechmadi. Ilgari ham, ayniqsa Zaynabning toʻyidan soʻng mana shu tarzda ikkovlon koʻp yolgʻiz oʻtirishardi. Lekni unda Asadbek yolgʻizlik toʻrida siqilmasdi. Hozir siqildi, yomon siqildi.
— Adasi, choyingiz sovidi, qaynogʻidan quyaymi?— Manzura shunday deb piyolaga qoʻl uzatdi.

Asadbek «Yoʻq, kerakmas», degan ma’noda kaftini piyola ustiga qoʻydi. Keyin ma’suma xotiniga qaradi-da:
— Manzur, yoshligimizda biz ham shahar aylangani chiqarmidik? — deb soʻradi.

Kutilmagan bu savoldan Manzura gangib:
— Voy, shaharning nimasini aylanardik? — de-di.
— Ha endi, mundogʻ «aylantirib» deyiladimi yo «oʻynatib» deyiladimi, marojniy-parojniy olib berganmanmi? Mana, bolalaring ketishdi-ku?
— Bularning zamoni boshqa, bizniki boshqa edi, adasi.
— Boʻpti, bor, kiyinib chiq. Biz ham yangi zamonni bir koʻraylik.

Asadbek «Manzur» deb gap boshlaganida u bir ajablangan edi. Chunki eri asosan unga «hey» deb murojaat etar, mehmon huzurida esa «onasi» der, juda kam hollardagina erkalaguvchi samimiy ohangda «Manzur» deb chaqirardi. Dastlabki ajablanishi soʻnmay turib sayrga taklif etilishi unga gʻalati tuyuldi. Eriga «hazillashayapsizmi, adasi?» degan ma’noda qarab, baloga qolay dedi.
— Imillamasang-chi, tur tezroq, — dedi Asadbek poʻpisa ohangida.

Bitta mashinani Abdusamad, ikkinchisini Halimjon haydab, yoshlarni sayrga olib ketishgan edi. Manzura amrga itoat etib oʻrnidan turdi-yu, «Mashina yoʻqligini adasi unutdilarmikin», degan xayolda:
— Mashina... — deb gap boshlagan edi, «Ishing boʻlmasin», degan qoʻpol javobni eshitdi.

Asadbekning bu qiligʻi Manzuragagina emas, boloxonadagi yigitlarga ham gʻalati tuyuldi. Ulardan biri shoshganicha pastga tushdi, koʻchada xotinining yonida xotirjam borayotgan xojasi izidan bir oz tikildi. Asadbek hech qachon mashinasiz koʻchaga chiqmasdi. Biror yoqqa ketayotgan boʻlsa darvozadan chiqish oldida ularga nimadir deb qoʻyardi.

Yigit picha tek turgach, sodiq mulozimlik vazifasini bajarib, sakkiz-oʻn qadamlik masofani saqlagan holda izma-iz yura boshladi. Buni sezgan Asadbek toʻxtab, orqasiga oʻgirildi. Yigit ham toʻxtagan edi, imlab chaqirdi-da, u yaqinlashgach:
— Izimdan yurma, — dedi. — Halim akang kelsa, ayt, uyiga ketaversin. — Asadbek bir oz oʻylandi-da, qoʻshib qoʻydi: — Akalaring kelishganidan keyin senlar ham uy-uylaringga ketaverlaring. Ertalab Haydar akangga uchrashsalaring, bundan bu yogʻiga nima ish qilishlaringni aytadi.

Yigit «xoʻp» dedi-yu, ammo hayronligini yashirmay, qarab turaverdi.
— Ha, gapimga tushunmadingmi? — dedi Asadbek, qoshlarini chimirib.
— Tushundim, Bek aka... Hovli... yolgʻiz qoladimi?
— Sen tashvishlanma, ketaver, bizni boʻri yermidi, akasi.

Yigit iziga qaytgach, er-xotin katta koʻchaga chiqishdi.
— Mashina toʻxtat, — dedi Asadbek, keyin kulimsirab qoʻshib qoʻydi: — xotinlarga toʻxtashi osonroq.

Mashinalarning toʻxtashi oson boʻlmasa-da, chetroqda turgan Asadbek gʻashlanmadi. Kuzatib turaverdi. Aksincha Manzura «Noshud!» deb soʻkib qolmasalar edi, deb tashvishlandi.

Nihoyat, bir mashina toʻxtagach, Asadbek yaqinlashib, manzilni aytdi:
— Anhor boʻyiga.
— Qancha berasiz? — dedi haydovchi.

Asadbek unga javob bermay, Manzura uchun orqa eshikni ochdi-da, oʻzi old oʻrindiqqa oʻtirdi.
— Akajon, kira haqqini kelishmadik-ku? — dedi haydovchi.
— Sen avval olib borib qoʻy, kelishaveramiz, — dedi Asadbek eshikni yopib.
— Hisobli doʻst ayrilmas, degan gaplar bor.
— Menga doʻstmisan hali, unda tekinga olib borib qoʻyasan. Men doʻstlarimga pul bermayman.
— Endi aka...
— Boʻldi, mijgʻovlik qilma. Pul ishlaydigan odam shunaqa imijiqi boʻladimi, e soʻtak! — Asadbek achchiqlanib, choʻntagidan oʻn soʻmlik chiqardi-da uning tizzasi ustiga tashladi. «Soʻtak» deyilganiga ichi ogʻrib bir nima demoqchi boʻlgan haydovchi oʻn soʻmlikni koʻrib, tilini tishlay qoldi. Oʻzicha hisobni toʻgʻrilab qoʻydi, ikki soʻmi kira haqqi, sakkiz soʻmi «soʻtak» deb haqorat qilgani uchun jarima...

Anhor boʻylab yurish Manzura uchungina emas, Asadbekning oʻziga ham dastlab gʻalati tuyuldi. Atrofga qarab yengil tortdi: quchoqlashguday boʻlib bir-birining pinjiga kirib borayotgan yoshlardan tashqari chol-kampirlar ham, bolalarini oʻynatgani olib chiqqan juvonlar ham sayr qilishardi. Birovning boshqasi bilan ishi yoʻq... Hech kimning, jumladan, Asadbekning soyadek ilashib yuradigan qoʻriqchilari ham yoʻq.

Shunday yashasa ham boʻlar ekan-ku?

Erkin hayot deb shunga aytilmaydimi?
— Manzur, bundan bu yogʻiga boloxonada odam oʻtirmaydi, — dedi Asadbek.

Bu yangilikni eshitib, Manzura beixtiyor «voy» deb yubordi.
— Qoʻrqasanmi? — deb soʻradi Asadbek.
— Yoʻgʻ-a, nimadan qoʻrqaman, — dedi Manzura.
— Endi kelinlar bor, tepadan koʻzlarini loʻq qilib oʻtirishi menga yoqmayapti.
— Toʻgʻri qilasiz, adasi, kelinlaringiz ham «bu-lar nima qilib oʻtirishadi», deb hayron boʻlishuvdi.
— Shunaqami? Sen nima deding?
— Bular qarindoshlarimiz, institutga kirishga dars tayyorlab oʻtirishadi, dedim.
— Boplabsan-ku, shu paytda institutga kiradimi?
— Nima deyishim kerak edi?
— Ha, mayli, institutga kirmaydigan boʻlib, qaytib ketishdi, deb qoʻyasan endi, — dedi Asadbek kulib.

Shundan soʻng gap xaltasi boʻshab qolganday indamay ketishdi. Bunday yurish Asadbekka yoqmay:
— U tomonlarda hayot qanday ekan, aytib ham bermading, a? — dedi.
— Mavridi boʻlmadi-ku, — dedi Manzura aybli ohangda.
— Odamlarining muomalasi qanaqa ekan?
— Tillariga tushunmasam... Lekin qoʻni-qoʻshni bir-birini tanimas ekan, oqibat ham qilmas ekan.
— Qoʻni-qoʻshnilarning bir-birlarini tanimaganlari ham ma’qul. Tinch yashashadi, gʻiybat qilishmaydi.
— Voy qoʻying-e, yomon boʻlsa ham qoʻshnining bori yaxshi.
— Sen oʻsha tomonlarda qolib yashagan boʻlarmi- ding? — deb oʻsmoqchilab soʻradi Asadbek.
— Oʻlsam ham yashamasman.
— Kelinlaring oʻyimizga ketamiz, deyishsa, oʻgʻillaring ularga qoʻshilib joʻnashsa-chi?
— Voy, nafasingizni issiq qiling-a, tavba deng, oʻzim yuragim hilvillab turibdi. Bunaqa gaplarni boshqa gapirmang, — keyingi soʻzlarni aytayotganida Manzuraning ovozi titradi. Asadbek uni ovutish maqsadida yelkasiga qoʻlini tashladi. Manzura bundan choʻchib, oʻzini chetga oldi:
— Voy, nima qilyapsiz?
— Ha, nima qilibman, — dedi Asadbek, — oʻzimning happai-halol xotinimsan. Ana, qara, hamma shunaqa yuribdi.
— Qoʻying-e, qariganda...
— Men hali qarimadim. — Asadbek shunday deb xotinini qoʻltiqladi. Bu safar Manzura oʻzini olib qochmadi.

Kun boʻyi mashriqda ivirsib yurgan qoʻngʻir bulut parchalari shomga yaqin birlashib, quyoshni bagʻriga oldi. Shuni kutib turgan izgʻirin qoʻzgʻolib, bahorning totli nafasini boʻgʻdi. Izgʻirin anhor sohili boʻylab choʻzilgan sayrgohga ham hukmini oʻtkaza boshlagach, bolalarini oʻynatgani olib chiqqan juvonlar uylariga shoshildilar. Soʻng keksalar koʻrinmay qolishdi. Unda-bunda, daraxt panalarida qorongʻu tushishini intiq kutayotgan juft-juft yoshlargina qolishdi.

Erining yonida asta yurib borayotgan Manzuraga bu sayr xush yoqayotgan boʻlsa-da, koʻnglining bir chekkasini gʻashlik soʻnasi kemirib yotardi. U eridagi bu oʻzgarish sababini bilishni istardi. «Bir togʻning oʻz oʻrnidan qoʻzgʻalib, boshqa yerga koʻchganini eshitsangiz ishoning-u, biroq, odamning fe’l-tabiati, qalbi oʻzgaribdi, deyilsa inonmangiz», deyilmish ekan. Shunga koʻra eridagi bu oʻzgarishning yaxshilik nishonasi ekaniga Manzurada gumon bor edi.

Xotinlar davra quruvchi ziyofatlarda ayrim juvonlar «Shunday odamning xotini-ya! Yegani oldinda, yemagani ortida, aytgani aytgan, degani degan. Munchalar baxtli ekan-a, bu ayol!» deb havas qilishsa, Manzura chindan ham baxt egasi singari jilmayib qoʻyardi. Holbuki, baxtlimi yoki baxtsiz ekanini oʻzi ham aniq bilmasdi.

Agar ayolning ustara tigʻi ustida yashashi baxt de-yilsa — Manzura rostdan ham baxtli.

Erining har bir xatti-harakatini hadik bilan kuzatish, kechki payt eri ostona hatlab hovliga kirib kelguniga qadar ming turli havotir tikanlari ustida yalangoyoq yugurmoq agar baxt deyilsa — Manzuradan oʻzga baxtliroq ayol yoʻqdir.

Agar eri uyga qaytmagan tunlari beshikni quchoqlab, tiq etgan tovushga hadik bilan quloq tutish, tong-ni oʻzi beva, bolasi yetim holida kutib olmasligi uchun Xudoga nolalar qilib chiqmoqlik baxt deyilsa — haqiqiy baxt egasi aynan Manzuradir.

Agar baxt faqat yemoq, ichmoq, oʻynamoq, kulmoqdan iborat boʻlsa — Manzuraga havas qilsa yarashadi.

Shunday tarozi boʻlsa-yu, uning bir pallasiga yemoq, ichmoq, kiyinmoq saodati, ikkinchisiga turmush tashvishlari-yu, gʻam koʻlankalari qoʻyilsa balki baxt haqiqati ayon boʻlar?

Agar dunyo aylanib, Manzuraning kelinlik onlari qaytsa-yu, deyilsakim: «Tanla, umring shu eski hovlida oʻtsinmi yoinki yangi, dangʻillama imoratda, zebu ziynatlar ichida yashashni istaysanmi?»

Manzura shubhasiz, qaynona-qaynotasining umri oʻtgan, erining kindik qoni toʻkilgan shu eski hovlini, bir tishlam nonni betashvish yemoq baxtini tanlagan boʻlardi. Ne gʻamki, insonga, ayniqsa oʻzbek ayoliga bunday tanlash huquqi berilmagan...

Hozir ham bu kutilmagan sayrga erining xohishi bilan chiqdi. Qovushmagan suhbat bilan ovunib borayotgan Manzuraning zimiston koʻngli shomni dogʻda qoldirgan qorongʻulikka monand ravishda yanada qoraroq chodirga burkalayotgan edi. Oʻgʻillarini Moskvada qoldirib kelganidan beri tutqun qush singari potirla-yotgan yuragi tagʻin ham yorilib ketmaydi. Xudo tagʻin ham sabr beryapti. Bugundan e’tiboran hovlilarida poyloqchilarning boʻlmasligi ham uning bezovta yuragini timdalayverdi. U erining gapiga ishonganday koʻrinsa-da, bu harakat zamiriga kutilmagan shumliklar yashiringanini sezib turardi. Asadbek «Sen oʻsha tomonlarda yashagan boʻlarmiding?» deb oʻsmoqchilab soʻraganida goʻyo eri «hozir uyga borib narsalarni yigʻishtir, erta-indin oʻsha yoqqa koʻchamiz», deb buyurganday yengil titrab oldi. Qoʻshnilarning beoqibatligi xususidagi taassurotidan soʻng gaplari tugab qolganday bir oz jim yurdi. Soʻng muhim narsani eslaganday:
— Restoranlarda ovqat yeyishni yaxshi koʻrisharkan, — deb qoʻydi.
— Xotinlarini avaylashadi-da, — Asadbek shunday deb Manzuraga qarab qoʻydi. Xuddi xotini «Siz nima uchun meni avaylamaysiz?» deganday boʻldi. Asadbek qudalaridan farqli oʻlaroq, restoranlarga Manzurasiz borardi. Restoranda oʻtuvchi toʻy-hashamga birga kelishsa ham ayri-ayri oʻtirishardi. Yangi uyga koʻchib oʻtishganida Asadbek Manzuraning ogʻirini yengil qilish maqsadida xizmatchi yollagan edi. Uy tutishda oʻzining yoʻrigʻi boʻlgan Manzuraga, xizmatchi qanchalar chaqqon, qanchalar sarishtalik boʻlmasin, baribir ishlari yoqmadi. Ayniqsa yetti yot begona ayolning uyida ivirsib yurishi malol kelib uch kundan soʻng javobini berib yuborgan edi. Erining «nega bunday qilding?» degan savoliga «Qoʻying, bolalar bilan oʻzimiz eplaymiz. Hamma ishni xizmatchi qilsa, bolalar tanbal boʻlib oʻsishadi», deb javob qaytargan edi. Zaynabni uzatishgach, Asadbek yana xizmatchi yollamoqchi boʻlganida Manzura rad etdi, Asadbek «mayli, uydagi ishlar bilan ovunadi», deb uning ra’yiga qaradi.

Hozir restorandan gap ochilganidan Asadbek xotinini siylagisi keldi. Koʻprikka yetishganida oʻylab oʻtirmay narigi sohilga, undan esa markaz tomonga yoʻl boshladi. Restoran sari yurishganida Manzura eriga savol nazari bilan qaradi.
— Qornim ochdi, bir nima yeb olaylik, — dedi Asadbek bu qarashga javoban.

Restoranda odam koʻp emasdi. Ichkari kirgan Asadbek bir zum toʻxtab, atrofga nazar tashladi. Yoshlari oʻtibroq qolgan bu er-xotinga birov e’tibor qilmadi. Burchak tomondagi stol atrofida davra qurib, sigaret tutatib oʻtirgan xizmatchi juvonlardan biri ularga koʻz qirini tashlab qoʻydi-yu, «istagan joylariga oʻtirishsin, shunga qarab bittamiz oʻrnimizdan jilamiz», deganday yana oʻz davrasi bilan mashgʻul boʻldi.

Bu holda turish Asadbekning oʻziga ham erish tuyuldi. Uzoq emas, kechagina restoran ostonasiga yetmayoq uni ta’zim bilan kutib oladiganlar qani? «Bek aka, toʻrga oʻting...», «Beka aka, qanaqasidan quyay?», «Bek aka, bedana kabobni olib kelaveraylikmi?», «Bek aka, ashula yoqmayaptimi? Hozir ovozini oʻchiradi»... Qani bu izzatu ikromlar? Otdan tushganidan keyingi ahvol shu boʻladimi bundan bu yogʻiga?..

Asadbek gʻashlanganini xotiniga sezdirmaslik uchun uni bilagidan asta ushlab, derazaga taqab qoʻyilgan boʻsh stol sari boshladi. Oʻn daqiqa chamasi vaqt oʻtgach, boʻliqqina xizmatchi ayol yaqinlashdi-da, qanday ovqatlar borligini ma’lum qildi. Asadbek tilga olinmagan taomni soʻradi.
— Manpar yoʻq, umuman suyuq ovqat yoʻq, — dedi xizmatchi bir oz ensasi qotgan tarzda.
— Unda toboqi joʻja olib keling,— dedi Asadbek.
— Bunaqasini uyingizga borganda yeysiz, bizda umuman toboqi boʻlmaydi, — dedi xizmatchi endi qoʻrsroq ohangda. Manzura «bu qoʻrslikdan erim sachrab ketmasin», degan hadikda unga qarab:
— Kievcha kotlet beraversin, mayli, — dedi.

Xotinining muloyim ohangdagi bu soʻrovi boʻlmaganda Asadbek chindan ham bir-ikki «shirin» gap aytishdan oʻzini tiymagan, xizmatchi juvon esa shu bahonada onasining qaysi mahluqqa qoʻshilishi oqibatida dunyoda kelganini bilib olgan boʻlardi. Asadbek «Umring boʻyi kievcha kotlet yeyishni orzu qilib, endi shu yerda yetishdingmi?» degan ma’noda Manzuraga qaradi-da, xizmatchiga:
— Ikkita kievcha kotlet. Xotinimning boshi shunga qorongʻu boʻlgan, — dedi.

Juvon bu hazilga e’tibor bermay, daftarchasiga buyurtmani yozdi-da, «Yana nima?» deb soʻradi.
— Boʻldi, — dedi Asadbek.
— Salat... vino?..

Xizmatchining takliflari chala qoldi. Asadbek qoʻpol ravishda:
— Nima kerakligini senga aytdim, — dedi.

Xizmatchi juvon ensasi qotganini yashirmay burilib ketgach, Asadbek soʻkinib qoʻydi.
— Uyga bora qolsak boʻlardi, — dedi Manzura, yalinish ohangida.
— Yoʻq, kotlet, dedingmi, endi yeysan shu kotletni, — dedi Asadbek.
— Voy, qornim toʻq, — dedi Manzura ogʻir jazoga hukm boʻlgan odam kabi choʻchib.

Xotinining bu sarosimasini koʻrib Asadbek kulib qoʻydi:
— Ke, endi sen ham bir yayrab oʻtirgin. Bizning qudalaringdan kamimiz bormi? Biz ham yeb koʻraylik oʻsha kotletni. U yoqlardagi xizmatchilar qanaqa ekan, shunaqa lopillagan xotinlarmi?
— Yoʻgʻa, u yoqda yosh yigitlar xizmat qilisharkan. Shamolday yelib-yugurishadi, baraka topgurlar. Dasturxonga bitta ushoq tushsa darrov tozalashadi. Men oʻzimizning odatimizni qilib qoshiqni sochiqqa artsam, Hamidingiz «unaqa qilmang, xizmatchi yigitni baloga qoʻyasiz», deydi.
— Nega? — deb ajablandi Asadbek.
— Xoʻjayin koʻrib qolsa «qoshiqni yaxshi tozalamay qoʻygan ekansan», deb uni ishdan haydab yuborarkanda...

Nihoyat, kievcha kotlet ham keldi. Asadbek sanchiqda bir tishlam uzib olib, ogʻziga soldi-yu, tuflab tashlashni yoki yutishni bilmay, javdirab qoldi. Manzura erining holini fahmlab kuldonni u tomon surdi-da:
— Koʻnglingiz tortmasa yemang, adasi, — dedi.

Asadbek chala chaynalgan qiymani tashladi-da, baland ovoz bilan xizmatchi ayolni chaqirdi. Manzura janjalning hidi kelib qolgani sababli turishga taraddudlandi.
— Adasi, yuring, ketaqolaylik, bolalar ham qaytishgandir.
— Oʻtir, — dedi Asadbek amr ohangida. — Men bu yerga ovqat yegani kelganman.

Ikkinchi chaqirishdan soʻng xizmatchi keldi-da «Buncha betoqatsiz?» deganday qoshlarini chimirdi.
— Oʻtir, — dedi Asadbek.
— Mijozlar bilan oʻtirish mumkinmas, — dedi xizmatchi.
— Men sening mijozingmasman, oʻtir degandan ke-yin oʻtir.

Oppoq sochli bu odamning koʻzlarida chaqnayotgan qahr-gʻazab uchquni xizmatchini omonat tarzda boʻlsa-da, oʻtirishga majbur etdi.
— Mana shu kievcha kotletni senga ilindim. Ol, ye! — deb amr qildi Asadbek.
— Qornim toʻq, yemayman, — dedi xizmatchi.
— Toʻq boʻlsang ham ye.
— Yaxshi pishmabdimi, sizga yoqmadimi?
— Yeyaver, zoʻr pishgan.

Xizmatchi bu mijozdan oson qutula olmasligini fahmlab qiymadan ozgina ushatib oldi. Xuddi totli taom yeyayotganday chapillatib chaynab, tezgina yuta qoldi.
— Xoʻsh, yoqdimi? Oʻlgan eshakning goʻshtimidi bu?
— Yomon emas-ku, sizga nimasi yoqmadi? — dedi xizmatchi bir yutinib qoʻyib. Taomning yomon emasligiga oʻzi ham ishonmagani uchun bu gapni popugi pasaygan tarzda, Asadbekning koʻzlariga qaray olmagan ravishda gapirdi.
— Itga bersang it yemaydi buni, yana yomonmas deysan-a! — Asadbek shunday deb boʻralab soʻkdi-da, likopchani uning oldiga surdi: — Oxirigacha yeysan. Yemasang emchakxaltangga solib beraman, uyga borganingda kechasi bilan kavshab chiqasan.
— Siz menga qoʻpollik qilmang, — xizmatchi shunday deb oʻrnidan turmoqchi edi, Asadbek uni bilagidan ushlab tortib, joyiga oʻtqazib qoʻydi. Bunga koʻzlari tushgan xizmatchilardan ikkitasi yugurib kelishdi:
— Natali, nima gap?
— Grajdanin nega toʻpalon qilyapsiz?

Asadbek ularga bir xoʻmrayib qaradi-yu, indamadi. «Natali» deyilguvchi xizmatchiga esa yana amr qildi:
— Ye!

Koʻzlari javdirab Manzura oʻrnidan turmoqchi boʻldi:
— Adasi...
— Oʻtir joyingga!

Xizmatchilardan biri tez-tez yurib qalin parda ortidagi oshxona tomon oʻtdi. Dam oʻtmay oʻsha tomonda restoran xoʻjayinining muovini koʻrindi. U avvaliga sochlari oqarib ketgan Asadbekni tanimadi. Dadil yurib kelayotib, Asadbekning oʻtkir nigohi bilan koʻzlari toʻqnashdi-yu, birov oyogʻiga oʻroq urganday taqqa toʻxtadi. Shu nafasning oʻzida tizzasiga qaltiroq yugurdi. Ammo turli odamlarni koʻraverib, muomalaning ming bir turini oʻzlashtirgan muovin tezda oʻzini qoʻlga oldi. Noxushlikdan xabar berib, endi ergashib kelayotgan xizmatchiga oʻgirilib, bir nima deb shivirladi. Xizmatchi «ma’qul» ishorasini qilgach, epchillik bilan oldinga oʻtib, dugonalarining himoyasiga shay turgan ikki ayolni asta turtdi-da, nariga boshladi.

«Nega bir oʻzlari? Nega bizni hech kim ogohlantirmadi?» — Muovin shu savollar toʻriga oʻralib Asadbekka roʻpara boʻlgach, ta’zim bilan salom berdi.
— Bek aka, gʻaflatda qolibmiz, uzr...

«Ha, hali ham Bek akangman. Bek akangligimcha qolaman! «Asadbek shu gapni koʻnglidan oʻtqazib unga qaradi-yu, tanimadi. Yaqin uch-toʻrt yil ichida bu restoranga kirmagani uchun xoʻjayini kim, shotirlari kim bilmasdi. Buni yo Chuvrindi yo Kesakpolvon yaxshi bilardi.
— Xoʻjayin senmisan bu yerga? — deb soʻradi Asadbek.
— Yoʻq... xoʻjayin... oʻzingiz bilasiz, Norboʻta akamgilar. Sal toblari yoʻqroq edi, izgʻirinda belni oldirib qoʻyibdilar.
— Senlarni beldan emas, kalladan olgan.
— Bek aka, bu yoqda joy tayyor edi, oʻtaylik. Natali, tur, ishingni qil.

Xoʻjayini talabi bilan qoʻzgʻolgan xizmatchini Asadbek qahrli qarashi bilan joyiga mixladi-da, hamon ta’zimda turgan muovinga buyurdi:
— Sen ham oʻtir, Natali jononingga qarashib yuborasan. Buning oʻzi tirsillab turibdi, yana boʻkib qolmasin.
— Bek aka, joy tayyor edi-ya...
— Senga oʻtir, dedim. Shu kotletning bittasini yeb berasan.

Muovin oʻtirgach, Asadbek Manzuraga atalgan kotletni u tomon surib qoʻydi. Muovin «seni deb men ham baloga qoldim-ku, ol ye», degan ma’noda xizmatchiga qaradi-yu, sanchiqqa qoʻl uzatdi.

Shu onda Asadbek yanglish fikr yuritayotgandi. Bu fikri oʻzi yaxshi koʻrib aytib yuradigan «yoʻlbars-yoʻlbarsdir, hech qachon qoʻzichoq boʻlmas», degan gapiga zid edi. Toʻgʻri, biron idora rahbari ishdan ketsa, unga poyi patak boʻlib, laganbardorlik qilib yuruvchilar darrov toʻnni teskari kiyib oladilar. Ammo shaytanat olamida bunday holat kam uchraydi. Bunda yoʻlbars-ning yoʻlbarslik, boʻrining boʻrilik «guvohnomasi» olib qoʻyilsa ham u beozor jonivorga aylanmasligini barcha biladi. Bu olamda «guvohnoma» shunchaki olib qoʻyilmaydi, balki goʻrkovga topshiriluvchi «oʻlim haqidagi dalolatnoma» bilan almashtiriladi. Bunday dalolatnoma berilmas ekan, chetga surilgan odamdan baribir qoʻrqqulik. Shunga koʻra «Asadbek oʻyindan chiqibdi», degan gap tarqalgan taqdirda ham, «Oʻqilon»ning avvalgi shuhrati atrofdagi odamlarni talvasadan qutqarmaydi.

Ham chandir, ham hidlangan goʻshtdan tayyorlangan kotletni chaynayotgan muovin ham bundan mustasno emas. Ayni damda birov kelib unga: «Jinni boʻlmasang-chi, bu odam endi hech kim emas», desa ham u «Shu qiymani yeb oʻlmasman, lekin yemasam oʻlishim ehtimoli bor», degan ehtiyotda Asadbek amridan baribir boʻyin tovlamasdi.

Likopcha boʻshagach, muovin ichkarida joy tayyor ekanini yana eslatdi. Manzura esa «adasi ketaqolaylik» degan ma’noda yalinib qaradi. Asadbek har ikkala taklifni e’tiborsiz qoldirib indamay oʻtiraverdi. U bezatilgan dasturxon uchun past ketib, joyni oʻzgartirishni istamadi. Muovin dasturxon shu yerda bezalishi shartligini uqib, ta’zim bilan iziga qaytdi.

Avval dasturxon almashtirildi. Ular kirganda e’tiborsiz ravishda sigaret tutatib, bez boʻlib oʻtirganlarning barchasi chaqqon tarzda xizmatga kirishdi. Faqat Natali deganlari koʻrinmadi. Muovin «seni koʻrsalar Bek akamning gʻashlari keladi», deb uni oshxonadagi xizmatga qoldirgan edi.

Oʻziga oro berib kiyingan uch yigit dasturxon usti noz-ne’matlar bilan bezalayotgan paytda restoranga bepisandlik bilan kirib kelib oʻrtada toʻxtashdi. Oldinroqda turgani oʻtirganlarga bir-bir qarab, kimnidir qidirganday boʻldi. Soʻng toʻrdagi stol atrofida oʻtirgan uch erkak, ikki juvondan iborat davra sari yurdi-da, uni koʻrib sarosima bilan oʻrnidan qoʻzgʻolgan chiroyli juvonga tarsaki tushurdi. Buni koʻrgan Manzura choʻchib yoqasini ushlaganicha najot koʻzlari bilan eriga qaradi. Asadbek xotinining xavotirini sezmagandek, xuddi zerikarli kinoni esnab tamosha qi-layotgan odam singari bamaylixotir oʻtiraverdi.

Tarsaki urgan yigitning ikki sherigi davradagi erkaklarning orqasiga oʻtishganida juvon:
— Bular bilan birga ishlaymiz, bugun mening tugʻilgan kunim edi, — deb ularni himoya qilmoqchi boʻldi. Yigit oʻrnidan jilishga, ayolni himoya qilishga urinmayotgan erkaklarga qaradi-yu, sheriklariga «urlaring», deb imlamadi. Juvonning bilagidan mahkam ushlab, barmogʻidagi uzukni tortib oldi. Keyin «soatni yech!» deb buyurdi. Juvon titroq barmoqlari bilan soatni yechib uzatgach, yana tarsaki yedi. Bu safar zarba qattiqroq boʻlgani uchun qalqib ketdi. Yigit uni yana urmoqchi boʻlib xezlanganida oshxona tomondan yugurib chiqqan xizmatchi oraga tushib, unga nimadir dedi. Yigit shu onning oʻzida shashtidan tushib, Asadbek tomonga qarab oldi-yu, shoshqich ravishda iziga qaytdi. Urushga shay turgan sheriklari nima voqea yuz berganini anglamay taajjub bilan unga ergashdilar.

Bu tomosha Asadbekka yoshlik yillarini eslatdi.

Restoranga kirgan paytlarda Kesakpolvonning shunaqa qiligʻi boʻlardi. Ba’zida oʻziga yoqqan juvonga ega chiqishni istab qolardi. Koʻcha-koʻydami yoki bozordami ovi yurishmagan kezlari esa restoranga oʻynashlari bilan kirganlarni shilib olish harakatini qilardi. Restoran, mehmonxona atroflariga in qoʻygan fohishalarning koʻpini yaxshi biluvchi Kesakpolvon xuddi hozirgiday tamoshani koʻrsatardi. Kesakpolvon bilan til biriktirgan fohisha bir-ikki tarsaki yerdi-yu, keyin ulushni olgach, mukofotiga uning toʻshagini obod qilardi. Asadbek, oʻsha kunlarni eslab «bu tamosha hozir ham bor ekan-da», deb oʻyladi.

Dasturxon shohona koʻrinish olgach, muovin yana ta’zim bilan paydo boʻlib, shishalarning qopqogʻini ochmoqchi boʻldi.
— Ochma, — dedi Asadbek.
— Odamdan aziz boʻlibdimi, Bek aka. Tabarruk qilib bering, oʻzimiz otamiz, — Muovin shunday deb turib qadahlarga konyak quydi. Asadbek uzatilgan qadahga qoʻl uzatmagach, nima qilishini bilmay noqulay ahvolga tushdi. Asadbekning:
— Oʻzing ich, — deyishi uni bu ahvoldan qutqardi. Qadahni Bek akasining sogʻligʻi uchun koʻtarib, yana oshxonaga qaytdi.

Koʻp oʻtmay ikki kosada manpar keldi. Asadbek xotiniga «koʻrdingmi, bularni», degandek qarab, istehzo bilan jilmayib qoʻydi, biroq, qoʻliga qoshiq olmadi. Manzura ham «endi bu yogʻi nima boʻlarkin» deb harakatsiz oʻtiraverdi. Manpar sovushga ulgurmay toboqi joʻja ham keltirilib, yoqimli hidi ishtahani qitiqladi. Ana shundan keyin Asadbek choʻntagidan pul chiqarib sanagach, dasturxon ustiga tashlab ustiga kon’yak shishasini bostirib qoʻydi-da, oʻrnidan turdi. Asadbekning bu qiligʻidan talvasaga tushgan muovin:
— Bek akajon, bizni uyaltirmang, — deb yalindi.
— Haligi yigitlarni taniysanmi? — deb soʻradi Asadbek uning gapiga parvo qilmay.
— Birinchi koʻrishim... tanimayman, — dedi muovin dovdirab.
— Choʻtal berishmaydimi senga, shunaqa laqmamisan? Ertaga Jamshid degan yigit keladi, oʻsha bolalar shu yerda boʻlishsin.

Kuzatib chiqqan muovin ularning piyoda ketishayotganini koʻrib ajablandi, lekin «mashina chaqiraymi?» deyishdan qoʻrqib, indamay turaverdi.

2

Ertalab Asadbek nonushta qilib boʻlgach, Manzura toʻydan gap ochdi:
— Mahmudning qirqi oʻtgandan keyin deganman-ku? — dedi Asadbek unga javoban.
— Yigirmalari oʻtdi... Mayli, siz nima desangiz shu. Lekin.. kunini belgilab, toʻyga aytaversak boʻlarmidi... bilasiz-ku, odamlar tillari bilan yuradigan boʻlib ketishgan...
— Yaxshi... Bor, Samadingni chaqir.

Manzura gapni koʻpaytirmay oʻrnidan chaqqon turdi-da, oʻgʻlini boshlab qaytdi. U toʻyning maslahati boʻlar, degan fikrda yana erining roʻparasidan joy oldi. Lekin Asadbek hozirgina toʻy haqida gap boʻlganini unutganday oʻgʻlidan butunlay boshqa narsani soʻradi:
— Kecha Qamar amaking chiqibdilarmi? Nimalarni gaplashding?

Manzura Abdusamadni boshlab kelayotganida yoʻl-yoʻlakay «adanglar toʻy kunini belgilamoqchilar, tortinmay gapingni aytaver», deb shipshib qoʻygan edi. Shu sababli oʻgʻil otasining savolidan ajablanib, onasiga qarab qoʻydi. Manzura «qaydam, oʻzim ham hayronman, bu kechagi gap edi...» deganday pastki labini asta tishlab, nigohini olib qochdi. Abdusamad esa mujmalroq tarzda:
— Uyni sotmoqchimishlar, puldan qiynalib qolishganmish, — deb javob qildi.
— Sen nima deding?
— Adamlar bilan maslahatlashaman, dedim.
— Durust... — Asadbek shunday deb oʻgʻliga sinovchan tikildi. — «Sotaman», deb boshqalarga ham aytibdimi?
— Yoʻq. Birinchi biznikiga chiqibdilar. Gaplarining mazmunidan bizga sotmoqchiga oʻxshaydilar.
— Oʻzing nima deysan?
— Siz nima desangiz...
— Men sening fikringni bilmoqchiman. Senam bitta oilaga bosh boʻlyapsan. Chetning hayotini koʻrding. Qani, bir nima degin-chi?

Bu gapdan soʻng ona-bola koʻz urishtirib oldilar.
— Oyingga qarama, men sendan soʻrayapman, menga qarab gapir.
— Sotishga astoydil ahd qilishgan boʻlsa... olganimiz ma’qulroqmikin?
— Sen unaqa mijgʻovlik qilma. Kechadan beri oʻylangandirsan, aniq bir fikrga kelgandirsan? Sotib olganmiz ma’qulroqmi yo sotib olishimiz kerakmi?
— Adasi, bunaqa gaplarni bilmaydi hali... — shunday deb oraga tushgan Manzura «Sen aqling yetmagan ishlarga aralashma», degan tanbeh bilan jim boʻla qoldi.
— Oying senlarni hali ham yosh bola fahmlaydi,— dedi Asadbek oʻgʻliga, soʻng xotiniga yuzlandi: — baloni bilishadi bu bollaring. Chetda oʻqiganlarni sen anoyi dema.

Asadbek keyingi luqmasini jindak mehr bilan ayt-gan boʻlsa-da, Abdusamad aniq fikrini bildirishga jur’at etolmadi. Otasi talabini yana qaytargach:
— Olganimiz yaxshi, — dedi.
— Qamar amakingga shunday dedingmi?
— Yoʻq, «adam biladilar», dedim.
— Yaxshi, yaxshi... uy sotilsa biz olishimiz kerak...— Asadbek oʻgʻlidan koʻz uzmagan holda piyolaning chetiga chertib qoʻydi. — Oʻgʻlim, uyimiz torlik qilib qoldimi, sigʻmayapsizmi?

Sizlashga oʻtilishi yaxshilik alomati emasligini bilgan Manzura bezovtalanib, erini chalgʻitish maqsadida:
— Adasi, choy quyaymi? — deb soʻradi.

Asadbek bu gapga e’tibor qilmay, oʻgʻliga qattiq tikilganicha javob kutdi:
— Sizdan soʻrayapman, sigʻmayapsizlarmi? Boshqa uy-joy qilib beraymi?

Abdusamad boshini eggan holda oʻzini oqlamoqchi boʻldi:
— Ada, unaqa deganim yoʻq-ku...
— Bitta qoringa siqqan aka-uka bitta uyga sigʻmasligini bilaman. Siz oʻqishingizni bitirib kelguningizcha bundan yaxshiroq uy-joy qurdirib qoʻyaman. Ammo yon qoʻshnimizning uyini sotib olmaymiz, oʻgʻlim. Nimagaligini bilasizmi? Bilmaysiz. Chunki juda-juda kalta oʻylaysiz. Hali onangiz «odamlar tillari bilan yuradigan boʻlib ketishgan», dedilar. Oʻsha tili bilan yuradigan odamlar «Asadbek qoʻshnisining mushkulini oson qilibdi», deyishmaydi. «Asadbek — zolim, yon qoʻshnisini chiqishtirmay, siqib chiqarib, oʻgʻliga joy solibdi, erta-indin butun mahallani egallaydi», deb nogʻora-karnay chalishadi. Shunaqami? Nega indamaysan, gapir?
— Ada, kechiring, buni oʻylamabman.
— Ha, ana, endi oʻzingga kelding. Ilmning izidan tushganing yaxshi, lekin hayotning gʻalamis tomonlarini unutishga haqqing yoʻq. Bizga ta’zim qilib, tirjayib turganlarning qoʻllariga qara, sal teskari boʻldingmi, panjalarida changallab turgan loyni basharamizga chaplashadi. Germaniyada balki bunaqamasdir, sen ilmni oʻsha yoqda olginu hayotni bu yerda oʻrgan. Tushundingmi?
— Tushundim, ada.
— Tushungan boʻlsang, bor, Jalil amakingni olib kel. Uyiga quruq kirib borma, bozorga tushib mayda-chuyda olvol.

Abdusamad tobelik bilan oʻrnidan turib chiqib ketgach, Asadbek Manzuraga qarab:
— Hamid haliyam uxlayaptimi? — deb soʻradi.
— Ertalab turuvdi. Sal mazasi yoʻqroq.
— Nima boʻpti?
— Shamollaganga oʻxshaydi, «badanim qaqshayapti» deydi. Asal choy ichirib yotqizdim.
— Sen Qamar akani chaqirchi.

Manzura amrni bajarish uchun qoʻzgʻolganda Asadbek uni toʻxtatdi-da, «oʻzim chiqa qolaman», deb oʻrnidan turdi.

Bu hovli sotib olinib qurilish boshlanayotganida oʻzini oʻzi ishboshi qilib tayinlagan Kesakpolvon shu qoʻshnining hovlisiga ham xaridor boʻlgan edi. «Hech boʻlmasa yarmisini soting», degan taklifni Qamariddin «Oʻgʻillar birin-ketin yetilay deb turishibdi. Ularga uy qursak, hovli katalak boʻlib qoladi», deb unamaganda Kesakpolvonning gʻashi kelgan edi. Oshnasi «shu qoʻshningni iniga kirgʻizvormasam yurgan ekanman...» deganida Asadbek «Tinch qoʻy uni, menga shu hovli ham yetadi», deb qaytargandi. Kesakpolvon xojasining gapini ikki qilmay, Qamariddinni tinch qoʻydi-yu, biroq, bu yondagi qoʻshnini avray-avray avval hovlisining yarmisini sotib oldirdi. Keyinroq «ikki qizingiz bilan hovlida nima qilasiz qiynalib», deb yurib, qolgan yarmini shahar markazidagi toʻrt xonali uyga almashtirdi-yu, soʻng koʻngli orom topdi. Asadbekning «bekor qilding shu ishni», degan gapiga «Sening obroʻying mening obroʻyim, sen bilan bir ish qiladigan odam avval uyingga qaraydi. Katalakda oʻtirsang birov aftingga boqmaydi», deb javob qaytargan edi.

Kecha Manzura «uyni sotishmoqchimishmi...» deganida Asadbek Kesakpolvonning oʻsha paytdagi ahdini esladi. «Bu maraz yana menga yaxshi koʻrinish uchun Qamar akani siquvga oldimikin?» deb oʻyladi. Oʻgʻlining fikridan gʻashlanishining ikkinchi sababi shu edi.

Asadbekning qoʻshnichilik burchini bajarishi toʻy-ma’rakalarga birrov chiqib qoʻyishdan iborat edi. Koʻchada koʻrishib qolishgudek boʻlishsa ham asosan salom-alik bilan kifoyalanardi. Asadbekning hovliga kirib kelishi Qamariddin uchun kutilmagan boʻlgani bilan maqsadi ma’lum edi. Darvozaxonaga taqab chol-kampir uchun solingan pastak uyga kirib oʻtirishgach, duoyi-fotihadan soʻng Asadbek gapni choʻzib oʻtirmay muddaoga oʻtib qoʻya qoldi. Bir paytlar hovliga xaridor boʻlgan odam, bugun yo ertaning oʻzida sotib oladi, degan ishonchdagi Qamariddin ham chaynalib oʻtirmay, niyatini ayta qoldi:
— Shu hovli begona boʻlmasin, oʻzingiz oling, — dedi u.
— Mening uyim bor, — dedi Asadbek.
— Men oʻgʻillaringizning biriga vatan boʻlarmikin, devdim.
— Sizning oʻgʻillaringizga vatan kerakmasmi?
— Keraklikka kerak... qoʻl kalta-da, Bek aka.
— Qamar aka, sizga bu ishni birov oʻrgatdimi, yo bitta-yarimta zoʻr «sotasan», deb zoʻrladimi?
— Meni kim zoʻrlardi, hayotning oʻzi majburlab qoʻyarkan.
— Zavodda necha yildan beri ishlaysiz? Oʻttiz yil boʻlgandir, a?
— Oʻttizingiz nimasi, qirq besh yil boʻldi. Urush vaqtida oʻn toʻrt yoshimda boshlaganman ishni. Dastgohga boʻyim yetmasdi, oyogʻimning tagiga gʻisht qoʻyib berishardi.
— Shuncha ishlab qoʻyibsiz, uy soʻramaysizmi?
— Vaqtida navbatga turib qoʻymagan ekanman. Omi odamman-da.
— Hozir navbatingiz bormi ishqilib?
— Borlikka bor-ku, lekin ellikning naryogʻida. Bu yil zavod bitta uy quruvdi, navbat yaqinlashib qolarmikin, desam, Rossiyadan ishchilar keladigan ekan, uy oʻshalarga berilarmish. Katta oʻgʻlim ham ishxonasida navbatda turibdi. Tunovinda hisoblasak, navbati oʻttiz yilda kelarkan.
— Ota-bola ikkita uy olsalaringiz masala hal-mi?

Qamariddin Asadbekning maqsadini anglab oʻngʻaysizlandi:
— Bek aka, shu joyni olib qoʻya qolganingiz yaxshi edi bizga.
— Menga uy kerakmas, — dedi Asadbek qat’iy tarzda, keyin samimiy ohangda qoʻshib qoʻydi: — Menga qoʻshni kerak.
— Rahmat, Bek aka, oʻzi... sizning oldingizda hijolat edim.
— Nega hijolat boʻlasiz? Siz bilan bizning oramizda gap-soʻz boʻlishi mumkinmas.
— Oʻrtanchamni yaxshi somsaxonaga joylab qoʻyuvdingiz. Tirikchilik tuppa-tuzik oʻtib turuvdi. Bola tushmagurning somsapazlikka sirayam toqati yoʻq-da. Mendan bemaslahat avtobazaga borib ishga joylashib olibdi. Bir shalaq aravani berib qoʻyishgan, bir kun yursa oʻn kun qora moyga belanib tuzatadi. Shunda ham shashtidan qaytmayapti. Juda oʻjar-da.
— Karate bilan shugʻullanadigani shu bolamidi? Tashlab yuborgandir?
— Be, qayoqda! Karate degani uning joni-ku! Ikkita bolali boʻlding, qoʻy endi, desam ham «otammisan sen, kimga gapiryapsan» demaydi.
— Shu oʻgʻlingizni menga bering, menda ishlasin.

Bu taklif Qamariddin uchun ham kutilmagan, ham yoqimsiz boʻldi. Shu sababli hamsuhbatiga bir oz tikilib, darrov javob qaytarmadi, soʻng:
— Qanaqa boʻlarkin... avtobazasiga ancha oʻrganib qoluvdi, xoʻjayinlari «yangi moshin kelsa, sen olasan», deb va’da qilishibdi...

Asadbek bu mujmal gapning asosida qanday xavotir yashiringanini fahmlab, afsus bilan kulimsirab qoʻydi:
— Qamar aka, shu gapingizga qoyil qolmadim. Necha yillik qoʻshnimiz-u, lekin siz ham boshqalarga oʻxshab har xil mish-mishlarga ishonasiz. Xuddi men oʻgʻlingizning qoʻliga bolta berib jallodga aylantirib qoʻyadiganday qoʻrqasiz-a?
— Unaqa emas, Bek aka, sizni hurmat qilaman.
— Hurmat qilasiz-u, lekin qoʻrqasiz. Sizga aytmagandirman, oʻzingiz odamlardan eshitgandirsiz balki, men bolaligimdan boshlab qimorning xadisini olganman. Gapning dangalini, naqdini, halolini, xullas, oʻgʻil bolasini yoqtiraman. Ilgari ham bolalaringizni bering, deganimda mijgʻovlik qiluvdingiz. Men pul topishni bilaman. Agar xohlasangiz oʻgʻlingizga kooperativ taksilardan bittasini berib qoʻyay, istasangiz uzoqqa qatnaydigan KamAZlar bor.
— Bek aka, uzoqning ishi qiyin. Borib kelguncha xavotirdan yorilib ketarman.
— Unda oʻzimning moshinamni haydaydi. Doim koʻz oldingizda boʻladi. Oʻylab koʻring, koʻnglingizda ozgina gumonmi, xiralikmi boʻlsa — men taklif qilmadim, siz eshitmadingiz. Orada ginalik yoʻq. Men «uyni sotmang», deb chiqdim, siz shunga koʻndingiz — boshqa gap-soʻzimiz yoʻq.

Asadbek shunday degach, oʻrnidan turdi.

Koʻchaga qadar kuzatib chiqqan qoʻshnisini taomilga koʻra uyiga taklif qildi. Qamariddin bu lutfga «Xudo xohlasa toʻylarda chiqarmiz», deb yaxshi niyat bilan javob qildi.

Erining hovliga kirib kelayotganini koʻrgan Manzura oshxonadan chiqdi-da, «Haydar aka kelganlar», deb mehmonxona tomonga qarab qoʻydi. Asadbek Kesakpolvonning bugun albatta kelishini bilardi. Shu bois xotini aytgan yangilikdan ajablanmadi. Eri bilan Haydar akasi orasida qanday gap oʻtganidan, oxiri ikkovidan birining yoki ikkovining oʻlimi bilan yakunlanuvchi yoʻlga qadam qoʻyganlaridan bexabar Manzura Kesakpolvonning kirib kelishida gʻayri tabiiy holatni sezmadi, uning qaymoq, issiq non koʻtarib kirib kelishini odatdagi tashriflardan deb bilgani sababli eriga aytgan xabarida taajjub ohangi yoʻq edi.

Mehmonxonadan chiqib kelayotgan Mushtariyga koʻzi tushgan Asadbek xotiniga «kelining nega kirdi u yoqqa?» degan ma’noda savol nazari bilan qaradi.
— Choyni olib kira qoling, devdim, — dedi Manzura.
— Bu uyda erkak zoti yoʻqmi, xizmat qiladigan?

Manzura «Samadjonga oʻzingiz ish buyurdingiz, Hamidjonning tobi yoʻqligini aytdim-ku», deb oʻzini oqlashga jur’at qilolmay, eriga moʻltillaganicha qarab turaverdi. U erining soʻkib berishini kutgan edi. Mushtariy yaqin kelib qolgani uchun Asadbek xotinini siquvga olmadi. Keliniga:
— Qizim, bizda kelin begon erkak oʻtirgan uyga kirmaydi. Mehmonga atalgan narsani shunday ostonaga qoʻyib sekin ovoz beradi. Toʻgʻri aytyapmanmi, onasi, sen shunaqa qilarding, a?
— Ha, begonalarga shunaqa qilinadi. Haydar aka amaki qatori boʻlganlari uchun...

Erinnig avzoyi birdaniga oʻzgarganini koʻrgan Manzuraning gapi ogʻzida qoldi. Asadbek «Bularga amaki boʻladigan ukam oʻlib ketgan», deb toʻngʻillamoqchi edi-yu, kelin huzurida noqulay ahvol yuzaga kelishi mumkinligini fahmlab, indamay qoʻya qoldi.

Kesakpolvon derazaning oʻng tomonida, har doim oʻtiradigan joyida yonboshlaganicha qaymoqxoʻrlikni boshlab yuborgan edi. Kosadagi qaymoqqa botirilgan non boʻlaklarini choy qoshiqda bittadan olishga qanoat qilmay beminnat barmoqlarini ishga solib qoʻya qolgandi. Asadbek ostonada paydo boʻlishi bilan Kesakpolvon qaymoq yuqi barmoqlarini yalab oʻrnidan turdi-da, koʻrishmoq uchun bilagini tutdi. Asadbek kayfiyati durust boʻlsa, Kesakpolvonning bu qiligʻi e’tiborisiz qolar, bir nimadan gʻashlanib, yoki achchiqlanib turgan boʻlsa, «Qoʻlingni artsang oʻlib qolasanmi», «Burninggacha qaymoq chaplabsan-a, buncha isqirt-san», «Kuchuk bolaga oʻxshab chappillataverma» kabi zaharli tanbehlarni eshitardi. Eshitardi-yu, «qaymoqxoʻrlikning asl mazasi shunda-da», deb oʻz bilganidan qolmas edi.

Kesakpolvonning barmoqlarini yalab, koʻrishmoq uchun bilagini tutishi Asadbek uchun yangilik emasdi. Ilgarilari buni befarosatlik ramzi sifatida qabul qilgan boʻlsa, hozir mensimaslikning bir koʻrinishi deb bilib gʻashlandi. Qandaydir ovoz (balki shayton alayhila’nadir) «zaharli soʻzlaringni sanchib-sanchib olsang-chi, indamay qoʻyaverasanmi», dedi. Boshqa ovoz esa (balki Yaratganning farishtalaridir) «Sen endi bu bilan oʻchakishma, sir berma, oʻzingni bir pogʻona past ol, kam boʻlmaysan. Shunday qilki, uni gʻaflat bossin...» deb shashtidan qaytardi, koʻngil gʻashligini sezdirmadi.

Kesakpolvon goʻyo qaymoqxoʻrlik bilan band boʻlsa-da, oshnasining koʻz qarashlaridan, soʻzlaridan bir nimani ilgʻab olishni istardi. Ayni choqda kecha boloxonadagi yigitlarnnig qoʻngʻirogʻidan keyin uygʻongan navbatdagi talvasasini oshnasiga sezdirmaslikka tirishardi. Faqat oʻzigagina ma’lum oʻtda qovrilayotgan Kesakpolvon choydan bir-ikki xoʻplab xoʻrillatib ichdi-da, oshnasidan hol soʻragan boʻldi:
— Qayoqda yuribsan, birga qaymoqhoʻrlik qilarmiz devdim.
— Shunaqa niyati bor odam ertaroq keladi, — dedi Asadbek unga javoban.
— Vaqtli kelmoqchiydim, — Kesakpolvon shunday deb ogʻzini qaymoqli nonga toʻldirdi-da, kosani Asadbek tomonga salgina surib «Ol, ye» deb manzirat qildi. Keyin luqmasini chala-chulpa yutib izoh berdi: — Bugun uyqudan kechroq tursang kerak, deb oʻylabman.
— Kun yoyilguncha biqsib yotganimni koʻrganmiding?— dedi Asadbek zardali ohangda.
— Restorandan keyin boshing ogʻrib yotgandirsan, debman-da, — Kesakpolvon «qoyilmisan» deganday ayyorona kulimsirab qoʻydi.

Boshqa odam boʻlganida balki «Ie, shundan ham xabar topdingmi!» deb ajablangan boʻlardi. Asadbek esa bu gapni e’tiborsizlik bilan tingladi.

Muovinning restoran xoʻjayinini topib noxush voqeadan xabardor qilishi, uning esa yarim kechadami yoki erta tongdami Kesakpolvonga uchrab, «Bek akalari huzurida uzrli boʻlib qolganlari»ni aytmogʻini Asadbek hisobga olib qoʻygandi. Kesakpolvonning bugun albatta kelishiga ishonchi borligining birinchi sababi shu edi. Ikkinchi sababi esa, garchi boloxonadagi yigitlar «Ertalab Haydar akalaringga uchrashlaring, bundan bu yogʻiga bajardigan ishlaringni aytadi», degan amrni olsalar-da, ertani kutib oʻtirmay oʻsha zahotiyoq akalariga sim qoqib, «uydan chiqlaringu Bek akalaringga sezdirmay koʻchada poylalaring», degan buyruqni olishlari aniqligi edi.

Asadbek kechqurun restorandan qaytganida avval boloxona derazasiga boqdi: hamisha yonib turuvchi chiroqning oʻchirilgani yigitlarning yoʻqligidan darak edi. Shunday boʻlishini oʻzi xohlagan boʻlsa-da, yuqoridagi chiroqning oʻchishi davru davroni, shuhrati mash’alasining soʻnishidan darak berganday yuragi bir uvishdi. Ayni nafasda muyulishda ikki kishining qorasini koʻrib, Kesakpolvondan amr boʻlgani, oshnasining ertalab yetib kelajagini angladi.
— Boʻtavoy qashqani pichoqsiz soʻyib kelibsanku, — dedi Kesakpolvon, dasturxonga tomgan qaymoqni jimjilogʻi bilan yalab.
— Qashqang kim? — deb soʻradi Asadbek.
— Tanimaysanmi? — Kesakpolvon «rostdanam tanimaysanmi yo meni laqillatmoqchimisan?» deganday unga sinovchan boqdi. Hatto lablari bir pas chapillashdan toʻxtadi.
— Restoranning xoʻjayinini tanimaysanmi? Mahmud oraga tushib qoʻydiruvdi-ku?
— Esimda yoʻq... nima, oldingga emaklab bordimi?
— Emaklaydigan odamni uchib boradigan qilib qoʻyibsan-ku. Yomon ezibsan bola paqirni. Agar ovutib qoʻymasam unga ishton chidamay qolardi.

Kesakpolvon shunday deb kuldi, oshnasidan «nima qilibmanki, bunchalar ezilsa», degan mazmunda gap kutdi. Asadbek esa oshnasining gapini uqmaganday javob qaytarmadi.

Uzoq yillar mobaynida oralarida sir boʻlmagan, bir-birini doʻst deb bilgan, qilingan gunohlarga teng sherik hisoblanmish bu ikki odamning oʻzga-oʻzga olamga chekinib oʻtirishi ajabtovur edi. Sharafli hadisda aytilmish ekanki, «birovga haddan ziyod ishonch bilan sirdosh doʻst tutinmangki, vaqti kelib u dushmanga aylanishi ehtimoli bordir, dushman hisoblanmish kishi bilan haddan ziyod yovlashmangkim, vaqti kelib u sizga doʻst boʻlib qolar...»

Dushmanga aylanish alhol ehtimol emas, haqiqatga aylandi. Bu haqiqatni ikkovi ham yaxshi biladi. Ammo bir-biriga sir boy bermaydi. Dushmanliklarini, bir-birlaridan xavotirlari mavjudligini gap-soʻzlari oshkor qilib qoʻymasligi uchun tillariga ehtiyot boʻladilar. Kesakpolvonning xoinligiga shak-shubhasi qolmagan Asadbekning hukmi tayin, faqat ijro uslubi va vaqti aniq emasdi. Aslida Asadbek uchun uning izini quritish murakkab muammo emasdi. Yo bittagina oʻq bilan, yo yarim quloch chilvirmi yo bigizmi, yoki uch-toʻrt tomchi zahar bilan bu masalani yechishi mumkin, faqat yigitlardan biriga ishora qilib qoʻyisa kifoya: Kesakpolvon Xumkallaning taqdiriga sherik boʻlib ketaverardi. Lekin qaymoq yuqi barmoqlarini yalayotgan Kesakpolvonning taqdiri faqat Asadbekning hukmiga emas, Xongireyning marhamatiga ham bogʻliq edi. Nas-roniylarning ta’biri bilan aytilganda, Xongirey — choʻqintirgan ota — tutingan oʻgʻlini oʻlim changaliga osongina topshirib qoʻymasligini Asadbek yaxshi bilardi. Oʻrtada oʻzining emas, farzandlarining taqdiri garovda ekani uni har qanday ochiq hamladan tutib turardi. U «tutingan oʻgʻil»ning «choʻqintirgan ota» qoʻlidan oʻlim topishini istardi. Buning uchun esa fursat kerak. Ana shu fursat ichida barmoqlarini yalab, chapillatib chaynab gʻashiga tegish nima ekan, yelkasiga chiqib olib, tahorat ushatib yuborsa ham chidaydi. Bosh-qa iloji yoʻq.

Oshnasining payt poylayotganini sezib yurgan Kesakpolvon Asadbekning sodiq yigitlaridan hadiksirardi-yu, zarbaning Moskva tomondan kelajagini taxmin ham qilmasdi.

Kosa boʻshab, qaymoq yuqlari barmoqlar vositasida yalangach, choy quyilib, xoʻrillatib ichildi-yu, bir tomonning nafsi orom oldi, ikkinchi tomonning esa koʻngli aynidi. Kesakpolvon barmoqlari, soʻng labini sochiqqa artgach, yon choʻntagidan pul chiqarib Asadbekka uzatdi. Asadbek pulga qoʻl uzatmadi, «nima bu?» deb soʻramadi ham.
— Restorandagi ziyofatning haqqini tashlab ketgan ekansan, — deb izoh berdi Kesakpolvon, pulni dasturxon ustiga qoʻyib, soʻng yonida turgan gazetaga oʻrogʻlik taxlamni ochib bir dasta pulni koʻrsatdi: — Bunisi suyunchi. Anchadan beri bu restoranga kirmay yurib birdan borib qolganingga quvonib ketishibdi. Sening nomingdan ularni oʻzim kechirib qoʻya qol- dim, — Kesakpolvon bu pullarni ham dasturxon ustiga qoʻyib, tepasiga sochiq tashladi. — Bugun ikkalamizni ziyofatga chaqirishyapti. Sasigan kotletni bergan befarosatning shkalat qizi bor ekan, senga ilinib turishibdi, bir tabarruk qilib berarkansan.

Kesakpolvonning «sasigan kotlet»ni tilga olishi «mensiz yursang kuning shunaqa sassiq taomlarga qoladi», degan ma’noda jaranglab, Asadbekning izzat-nafsiga tegdi. Indamay oʻtiraverish oʻziga ham malol kelib:
— Qizi shkalat ekanmi? — deb soʻradi.
— Shkalatki, u yoq bu yogʻi yoʻq, — deb ta’rif berdi Kesakpolvon.
— Oʻzing tabarruk qilib bergandirsan?
— Qoʻysang-chi, men senga shilta narsani ilinamanmi? Hali soat oltida oʻzim kelib olib ketaman. Sen oʻzingni u yoq bu yoqqa tashlab, noz qilma. Bitta doʻxtir aytdi: uzoq yashayman degan odam onasi oʻpmagan marjalar bilan muomala qilib turishi kerak ekan. Men sening yuzga kirishingni istayman, oshnam.
— Oʻzing boraver, mening ishlarim bor, — Asadbek bu haqda gaplashishni istamaganini ma’lum qilish maqsadida butunlay boshqa mavzuga koʻchdi: — Idorabop joy tanladingmi? Kechagi kun xonamizga kiruvdim, meniyam yutvoray deyapti, Mahmudning oʻrni bilinib turibdi.
— Joy qidiryapman, markazdan koʻngilga yoqadigani chiqmayapti.
— Markazga yopishaverma, chetroqdan boʻlgani tuzuk.
— Bir-ikkita joyni koʻz ostiga olib qoʻyuvdim, bir borib koʻrsang boʻlarmidi?

«Bu ham bir oʻyin-da. Menga koʻrsatasan-u, oʻz bilganingni qilasan. Menga ma’qul joyga ikki dunyoda kelmaysan. Men orqangdan ergashib yurib, laqillab qolaveraman. Sen esa men bilan yaqinligingni oʻzingcha isbot qilgan boʻlasan, a?» Asadbek shunday deb oʻyladi-yu, ammo tili boshqa gapni aytdi:
— Yaxshi. Avval soʻrab-surishtirib bir qarorga kelavergin-chi... Endi senga maslahatim: bir gap boʻlsa oson qutulib ketish yoʻlini ham hisobga ol. Bu idoramizda hisobini olmagan edik, qopqonga tushgandek oʻtirardik. Zamon bizga tinch edi, bilinmadi, xavotirimiz yoʻq ham edi. Avvalo Xudo asrasin-u, lekin ehtiyotini oʻylab qoʻy.

Bunday joʻyali maslahatni ayamay aytishiga asosiy sabab: oyogʻi ostidagi tikonni koʻrmay qadam bosuvchi sobiq a’yonini hukumat ta’qibidan asrash edi. Agar Kesakpolvon nodonlik qilib shu tikonni bossa, hukumat tuzogʻiga ilinsa, Xongirey «Ha, oʻzi ahmoq ekan», deb qoʻymaydi, aksincha Asadbekdan koʻradi. Fursatdan foydalangan Asadbek bu maslahati bilan yana nishonga urdi: mehribon doʻst libosini hali yechmaganini, unga nisbatan dushmanligi yoʻqligini bildirib qoʻymoqchi edi. Kesakpolvon maslahatni sobiq xojasi istagan tarzda qabul qilib, iyib ketdi:
— Bu gapingda jon bor, — dedi u. — Oʻrni kelib qoldi, endi yana bitta maslahating kerak Mahmudning bollariga javob berib yuborsammikin? Bu yoqda Hosilning bollari ham laqillab yurishibdi. Shunga nima deysan?

Asadbek sobiq a’yoniga sinovchan tikildi: «Ularga qoʻshib menga sodiq yigitlarning ham dumlarini tugarsan?» dedi uning koʻzlari. Kishining koʻziga qarab dilidagini bilib olish qobiliyatidan mahrum Kesakpolvon «savolim kutilmagan boʻldi, oshnamni qiynab qoʻydi», deb oʻyladi.
— Dushmanlaring kammi, yana koʻpaytirmoqchimisan? — dedi Asadbek undan koʻz uzmay.
— Nega unday deyapsan?
— Bollarni qoʻyib yuborsang, keyin ular nima qilishadi? Bitta zoʻrrogʻi, farosatlirogʻi chiqib qolganlarni atrofiga toʻplasa-chi? Hosilboyvachchaning oʻrniga yana oʻntasi paydo boʻladi. Keyin bu yogʻi urchib ketaveradi.
— Sen hamma narsadan choʻchiyverma. Hosildaqasidan mingtasi menga roʻpara kelsin, jigʻini ezib, dabba qilib qoʻyarman, — Kesakpolvon shunday deb oʻrnidan turdi.
— Katta ketma, — Asadbek boshqa gap aytmay, uni kuzatish maqsadida oʻrnidan turgan damda hovlida Jalilning ovozi eshitildi.
— Akaxon keldilar-ku,— dedi Kesakpolvon piching bilan. Soʻng bir narsani eslaganday ostonada toʻxtadi:— Ha, aytmoqchi, yigitlarga bir nima debsanmi?

Asadbek Kesakpolvonning shu ondagi ustaligiga tan berib, jilmaydi:
— Meni boʻri yermidi... — Bu javob Kesakpolvonni qoniqtirmay, ensasini qotirdi, shu sababli Asadbek Manzuraga aytgan gapini qaytardi: — Kelinlik uyda tepadan baqrayib turishlari menga yoqmayapti. Sen bilan meni Xudo asrayman, desa shu poyloqchilarsiz ham asraydi. Xudoning joniga tekkan boʻlsak, atrofimizni ikki ming qoʻriqchi bilan oʻrasak ham azroil jonimizni sugʻurib olaveradi.
— Xudoning joniga tegmaslik uchun odam oʻzini ehtiyot qilishi kerak, — tiliga kelib qolgan bu falsafasidan Kesakpolvonning oʻzi ham mamnun boʻlib boshini gʻoz koʻtarganicha ayvonga chiqdi-da, gapini davom etdi: — Bu bahonang oʻtmaydi oshna, koʻchangga bitta uycha qurdirib poylataman. Dod desang ham, faryod desang ham shu, oshnajon. Ildizimiz bittaligini unutayotganga oʻxshaysan. Bilib qoʻy: sening tinchliging — mening tinchligim, sening obroʻying — mening obroʻyim.

Jalil ayvon zinasidan koʻtarilayotgani uchun Kesakpolvon gapini tugatib, unga jilmayib qaradi:
— Akaxon, qaynonasi suygan odamsiz-da, sal vaqtliroq kelganingizda billalashib qaymoqxoʻrlik qilardik. — Kesakpolvon shunday deb Jalilga qoʻl uzatdi. Jalil noxushlik bilan koʻrisha turib:
— Sen bilan bir-ikki marta hamtovoq boʻluvdimmi? — deb toʻngʻillab qoʻydi.
— Formadasiz akam, formadasiz, bitta chaqib olmasangiz koʻngil tinchimaydi, a? — dedi Kesakpolvon oʻzini hushchaqchaq tutishga intilib, keyin Asadbekka oʻgirildi: — boʻldi, kuzatma, shu yerda xayrlashamiz.

U koʻchaga chiqib ketgunicha ikkovlari ham izidan qarab turdilar.
— Uyingda pashshaxoʻrda boʻlmasin, devdim-ku, aytmovmiding? — dedi Jalil uning qorasi oʻchgach.
— Men ham senga «bu bilan oʻchakishma, sassiq gaplaringni yigʻishtir», devdim shekilli? — Asadbek oʻrtogʻining tanbehiga tanbeh bilan javob berib, uni ichkariga boshladi. Jalilning dasturxon ustidagi pulga qarab qoʻyganini sezib taxlamni olib koʻrpacha ostiga qoʻydi.
— Tinchlikmi oʻzi, nega sening obroʻying uning obroʻyi boʻlib qoldi? — dedi Jalil toʻrga chiqib joylashgach. Asadbek javob oʻrniga «qoʻyaver uni», deganday jilmayib qoʻya qoldi. Manzura kirib dasturxon ustini sarishta qilib chiqib ketgach, Jalilning donoligi tutib gap boshladi:
— Bitta shaharda ikkita imom-domla boʻlgan ekan It bilan mushuk murosa qilsa qilarkanki, bular ittifoq boʻla olishmas ekanlar. Ulardan bittasi senga oʻxshagan marjavoz ekan. Oʻshanisi bir kech oʻynashi bilan qoʻlga tushib, zindonga solinibdi. Bundan xabar topgan ikkinchi imom-domla uning xotiniga borib voqeani tushuntiribdi. Oh-voh qilgan xotinni tinchitib, zindonga boshlab kelibdi. Zindonbonning jigʻildonini moylab, ovqat berish bahonasida xotinni erining yoniga kiritibdi, oʻynash esa xotinning chodiriga oʻralib zindondan chiqibdi. Ertasiga ertalab marjaboz imomni qozining oldiga olib kelishibdi. Qozi uni toshboʻron qilishga hukm qilaman, deb turganida ikkinchi imom «Qozi pochcha, odam oʻz shar’iy xotini bilan qoʻshilsa ham zino hisoblanadimi, shunga jazo oʻlimmi?» debdi. Qozi xotinni chaqirtirib qarasaki, imomning gapi toʻgʻri. U mirshablarni soʻkib, urishibdi, marjabozni esa ozod qilibdi. Shunda marjaboz xaloskoridan:
— Meni koʻrarga koʻzing yoʻq edi, nega qutqarding? Oʻlib ketsam oʻzingga yaxshi emasmidi? — deb soʻrabdi.

Oʻshanda xaloskori:
— Sen ham imomsan, men ham. Agar sening buzuqliging isbotini topsa, odamlar orasida «imomlarning hammasi ham shunaqa», degan tushuncha tarqaladi. Men sening hayotingni emas, oʻzimning obroʻyimni saqlab qoldim, — degan ekan. Shunga oʻxshab kessaging obroʻyini senga yuklayaptimi?
— Be, unda obroʻ degan narsa bormi oʻzi?
— Boʻpti, tilimni qichitma, qoʻy oʻsha soʻxtasi sovugʻingni. Boʻladigan gapingni gapir, nega chaqirtirding, tushingga kirdimmi?
— Tushimga kirsang qoʻrqqanimdan lablarimga uchuq toshardi. Aka boʻlib oʻzing maslahatga kelmasang, chaqirtiraman-da. Mening toʻyimga kim bosh boʻlishi kerak?
—Hali men toʻyboshimanmi? Tuzuk, odam qatoriga qoʻshilib qolibman-da, a? Tur, xotiningni chaqir.
— Avval oʻzimiz maslahatni pishirib olaylik.
— Maslahatni Manzura bilan birga pishiramiz. Sen ikkita oʻgʻil tugʻdirib qoʻydim, deb boyvachcha boʻlib kerilib yurgansan. Oʻgʻillaringni Manzura odam qildi. Mana endi toʻy uning koʻngliga qarab boʻladi. Chaqir. Gapimga koʻnmasang, ana, kessagingni toʻyboshi qilib tayinlaginu oʻshaning bilan maslahatni pishiraver.
— Obbo... chumak ari ham senchalik jizzillatmay-di,— Asadbek shunday deb tobelik bilan oʻrnidan turdi. Oʻtirgan yerida «Onasi!» deb baqirib chaqirmay oʻrnidan turganini koʻrgan Jalil «suyak-suyagiga qadaladigan qilib gapiribman-da», deb oʻzidan oʻzi quvondi.

Maslahat deganlari uncha choʻzilmadi. Jalil Manzuraga «Toʻy sen istagancha boʻladi», degan edi, u «adamiz nima desalar shu», dedi-yu, vakolatini eriga opa-osongina topshirib qoʻya qoldi. Shundan keyin toʻyning qay tartibda oʻtishi lozimligini Jalil erinmay bayon qildi, Asadbek esa siqilmay, sabr bilan tingladi. Jalilning maslahatlari oʻzining qarichiga mos edi. Uning nasihati qarindoshlari-yu, yor-doʻstlari yigʻilganda sanogʻi yuztadan oshmaydigan xonadonga toʻgʻri kelardi. Asadbekning oʻttiz, nari borsa qirq kilo guruch damlab, elga osh tortish, toʻyni katta restoranlarda emas, shu hovlida oʻtqazishi lozimligi kulgili hol boʻlsa-da, Asadbek kulmadi, oshnasidan ranjimadi ham. Nasihatlar poyoniga yetgach, toʻy kuni belgilandi.

Maslahat majlisi «nasihatlarni tinglayvergin-u, bilganingdan qolma» degan yashirin shior ostida oʻtdi. «Oshnamga ancha nasihat qildim, u qulogʻiga oldi», degan toʻxtamga kelgan Jalil esa uyiga mamnun qaytdi.

XVI bob

I

Birovlar taqdir yozugʻiga ishonishadi. Boshqa birovlar esa «Boʻlmagan gap!» deb qoʻl siltab qoʻyishadi. Kimdir taqdiridan noliydi, yana kimdir tobora boyib borishini taqdirdan deb biladi, «peshonaga yozilgan ekan, to oʻlgunimcha shunday farogʻatda yashayman», deb ishonadi. Bulardan tashqari yana shunday toifa borki, shoir: «Yo Rab, loyimni-ku qorgan oʻzingsan, oʻrish-arqogʻimni oʻrgan oʻzingsan, yomonmanmi-yaxshi, men qandoq qilay, taqdir manglayini bergan oʻzingsan», deb aytganiday barcha gunohlarini, yomonliklarini, zulmlarini, fasodlarini taqdirga toʻnkab qoʻya qoladi.

Eron gilamlari bilan bezatilgan keng xonada sigaret tutatib, navbatdagi zulm rejasini tuzib oʻtirgan uch kishi ana shu toifadan hisoblanadi.

Bular oʻzlariga oʻxshash minglab, balki undan-da koʻp inson bolalari kabi bilmaydilarki, taqdir yozugʻidagi tugʻilmoq va oʻlmoqqa doir muammolarni inson hal etmoqqa qodir emas, ammo halol yoki harom yashamoq uning izmidadir. Yaratgan tugʻilmish inson bolasining taqdirida ikki yoʻlni belgilab berdi: biri — Rahmon, yana biri shayton yoʻli. Bu ikki yoʻlni bir-biridan farqlamoq uchun unga zehn, aql, idrok, fahm-farosat kabi fazilatlar ham berdi. Ayni choqda har ikkala yoʻlning oxiri nimalardan iborat ekanini ham ma’lum qilib qoʻydi. Odam bolasining taqdiriga faqat buzuqlik, faqat zolimlik, faqat va faqat fosiqlik yozib qoʻyilsa-da, shafqat, mehr-muruvvat, umuman yaxshilik koʻchalari esa tamoman berkitilib tashlanishi mumkinmi? U holda banda mahshar kuni hisob-ki tob qilinayotganda «menga toʻgʻrilik yoʻlini tanlash imkoniyati berilmagandi, shayton yoʻlidan yurmakdan oʻzga choram yoʻq edi», desa-chi?

Eron gilamlari bilan bezatilgan keng xonada sigaret tutatib, navbatdagi zulm rejasini tuzib oʻtirgan bu uch kishining shunday demogʻi tayin. Toʻgʻri, ular hozir, ertaga, undan keyin ham — to jonlari chiqquniga qadar mahshar kunida hisob bermoqliklari shart ekanini oʻylamaydilar, unga tayyorgarlik ham koʻrmaydilar.

Bu uch odamni ayni damda bir maqsad qovushtirib turgan boʻlsa-da, uchavi uch olam edi. Toʻplagan boyliklari umrlarining oxiriga qadar yetib-ortgani kabi toʻplagan gunohlari ham doʻzax oʻtida abadiy kuymoq uchun yetib ortadi. Iblis ularning taqdir iplarini bir-biriga tugib, shu xonada uchrashtirdi.

Bir buzuq ayol faxsh yoʻlidan qaytmoqqa niyat qilibdi. Ammo nafs qurgʻurning «Soʻnggi marta safarga chiqib, ayshingni surib qol, tavbangni keyinroq qilaverasan», degan maslahatiga kirib dengiz sayohatiga chiqibdi. Ittifoqo, kema falokatga uchrab, choʻka boshlabdi. Shunda fohisha tavba qilib debdiki: «Ey Xudoyim, toʻgʻri, gunohim koʻp, lekin bitta meni jazolayman, deb shuncha odamni suvga choʻktirasanmi?» Uning nolalariga javoban: «Ey gunohkor banda, sen «bular mening kasrimga qolishdi», deb kuyinma, bu kemaga xuddi senga oʻxshaganlar toʻplangan», degan ovoz kelgan ekan...

Bu uch odam ham shunday. Ularning hayot kemalari allaqachon falokatga uchrab choʻka boshlagan, ammo gʻofillar sezmaydilar. Fohishaga-ku, insof kirib, tavba qilibdi, ammo bularning qotgan tillariga tavba kalimasi oʻlimdan boʻsa olgunlariga qadar kelmas...

Uch odamning biri — Kesakpolvon. U Asadbeknikidan chiqib, mashinasini qozixona tomon burdi. (Qozini koʻrib Asadbek gʻashlanmasin, degan fikrda uni choyxonada qoldirib, mashinani oʻzi haydab kelgan edi.)

Qozining ichkarida emas, choyxonaning panjarali darvozasi yonida turishi Kesakpolvonni sergaklantirdi. «Bir gap boʻlganov» degan fikrda mashinadan tushmay oʻtiraverdi. Qozi ildam yaqinlashib, «Nima gap?» degan savolni kutmay hisob berdi:
— Selim degan odamdan xabar keldi. Maskovlik mehmon bilan kutishayotganmish.
— Maskovlik? — «Xongireymikin?» — Kesakpolvon xayoliga kelgan gumonini haqiqatga aylanishini istab: — Kim ekan? — deb soʻradi.
— Otini aytmadi.
— Otini aytmadi, deb ogʻzingga pashsha qoʻndirib oʻtiraver, — Kesakpolvon soʻkinib, qozi uzatgan bir parcha qogʻozga koʻz tashladi. Qogʻoz parchasiga qingʻir-qiyshiq xarflar bilan bir uyning manzili yozilgan edi. «Mehmonxonada turibman, devdi, bunisi qanaqa uy boʻldi?» Kesakpolvon shu xayol bilan eshikni yopmoqchi boʻlganida Qozi xushxabar aytdi:
— Bolalar doʻxtirni topishibdi. Siz aytganday tuxum bosib oʻtirgan ekan, tuxumini quritib qoʻya qolishibdi. Xumkalla bilan achom-achom qilib yotishibdi. Kecha kechqurun axlatxonadagi itlarning bazmi boʻlgan,— Qozi shunday deb suyunchi ilinjida tirjayib qoʻydi. Kesakpolvon bir nafas oʻylandi-da, bosh chayqadi:
— Bekor oʻldiribsanlar, bizga xalaqit bermas edi.

Qozi «oʻzingiz buyurgan edingiz», demadi. Yuzidagi sovuq kulgi yoʻqolib, «aybdorman» deganday boʻynini qisdi.

Kesakpolvon qogʻoz parchasiga yozilgan manzildagi uyni qiynalmay topdi. Tashqi koʻrinishi diqqatni tortmaydigan bu uyda kim yashashini oʻzicha taxmin qilib «Selimning shotiri tursa kerak», degan toʻxtamga keldi. Ichkaridagi hashamni koʻrgach esa fikridan qayt-di. U manzilga yetib kelgunicha ham «Mehmon — Xongireydir», degan umidda edi. Nazarida Xongireyning keluvi uning obroʻ-martabasini ancha yuqori koʻtarib qoʻyuvi mumkin edi.

Hatto Kesakpolvonning xushini oʻgʻirlaydigan tarz-da shohona bezatilgan keng xonada Selim bilan Mamatbey qahva ichib oʻtirishardi. Kutgani, umid qilgani Xongirey oʻrniga Mamatbeyni koʻrgan Kesakpolvonning xafsalasi pir boʻldi.
— Oʻ-oʻ, jan qardash, yoʻllaringga koʻz tikib, koʻzlarimiz toʻrt emas, toʻrt yuz boʻlmish. Omonmisan, qardosh, qaylarda yuribsan?
— Bek bilan choyxoʻrlik qiluvdik, — dedi Kesakpolvon gapni aylantirmay.
— Asadbek bilanmi? — deb ajablandi Selim.
— Men bitta bekni bilaman,— dedi Kesakpolvon.
— Oh, goʻzal, gʻoyat goʻzal, — dedi Mamatbey kulimsirab. — Bekning ahvol-ruhiyasi nechukdir? Oʻgʻli sogʻ-mi?
— Hammasi soppa-sogʻ, — Kesakpolvon Mamatbeyning bu savolidan ajablansa-da, «Nega oʻgʻilning sogʻ-ligʻi bilan qiziqib qolding?» deb soʻramadi.
— Asadbek bilan uzilishib ketmadilaringmi? — deb soʻradi Selim.
— Nega uzilishamiz? Hamma ish oppa-oson hal boʻldi. Xongirey oshni yaxshi pishirib yuborgan ekan. Bekning oʻzi suzib berdi. — Selimning xoʻjalarcha savolga tutishi yoqmagani tufayli Kesakpolvon Mamatbeyga qarab gapirdi. Asadbek bilan boʻlgan savdoning bayonini eshitgan Mamatbey ayyorona kulimsiradi.
— Sening oʻq ilonni unutmogʻing mutlaq lozim emas, — dedi u. — Bek sendan ham mendan ham ayyor. Uning jon bermogʻi mushkul.
— Ayyorlikka ayyor, — dedi Kesakpolvon, — u meni ahmoq qilaman, deb poyloqchilariga javob berib yuboribdi. Men esam uning roʻparasidagi uyni sotib olib, poyloqchi qoʻyaman. U shoxida yursa, men bargida yuraman. Oshiq tepib, yutqizib, mishigʻini oqizib yurganida uni men odam qilganman. Bu yogʻidan xotirjam boʻlavering.
— Xongireyning senga muhabbati juda yuksakdir. Borliq yumushlaringni shunga yarasha qilaver, — dedi Mamatbey unga sigaret uzatib. Selim esa yoqqichni yoqib tutdi. Bu marhamatdan iyigan Kesakpolvon oromkursiga yastandi. Uning bu qiligʻi Mamatbeyga malol kelib, Selim bilan koʻz urishtirib oldi.
— Bugun seni ancha qidirdik. Bundan bu yogʻiga qaerdaligingni aniq bilib turishimiz kerak. Bizning ishimizda bir daqiqa ham joningni yo nari, yo beri qilib qoʻyishi mumkin.

Bu tanbeh Kesakpolvonning qonini qaynatdi.

Asadbek ba’zan ogʻir gap qilganida u jirillab berardi, xojasi bunga javoban yana zahrini sochar yoki indamay qoʻya qolardi, uning erkaligini koʻtarardi. Kechagina Hosilboyvachchani koʻrganida dumini qisib yuruvchi, endi esa Xongireydan vakolat olib oʻzini xoʻjayin hisoblayotgan Selim ham, Xongirey nomidan ish koʻruvchi Mamatbey ham uning erkaligini koʻtarmasligi aniq. «Ikkovi ham mikrofonga yopishib chiranuvchi ovozi yoʻq ashulachiga oʻxshaydi. Mikrofonini tortib olsang, bu ashulachining bahosi sariq chaqa. Bularning qoʻlidagi koʻzir Xongirey. Ertaga koʻzirdan ajralishsa mikrofonsiz ashulachining oʻzi boʻla qolishadi. Bu xaromilar bilan oʻshanda gaplashaman.» — Kesakpolvon shu qarorga kelib, tobelik libosida «xoʻp» dedi.
— Xongirey bizga muhim topshiriq berdi. Krasnoyardagi xaridorlarimizning ishtahalari yaxshi. Lekin ularning soʻragan narsalarini darrov yuborib boʻlmaydi. Avval ozrogʻini yuborish kerak. Kurerlikka yaraydigan ishonchli odam bormi?

Kesakpolvon oʻylab oʻtirmay «bor» deb javob berdi. Bular uchun eng ishonchli odam uning nazarida Jamshid edi. Bular balki Jamshidni oʻzlaricha belgilab qoʻyib, sinash maqsadida soʻrashayotgandir? Agar shunday boʻlsa, Jamshidning yolgʻiz oʻzini yubormaydi, Qozini yoki boshqasini yoniga qoʻshadi. Kesakpolvon shu toʻxtamga kelib turganida Selim «Odam ishonchli boʻlsin, lekin yoʻqotsang, achinmagin», deb fikrini buzib yubordi.
— Angladingmi, qardosh? — deb soʻradi Mamatbey.
— Ishning xatari bor, — dedi Selim Kesakpolvonning javobini kutmay. — Lekin oqib keladigan foyda bitta-ikkita odamning joniga arziydi. Bugun kech oʻnda odaming Krasnoyarga uchishi kerak. Mol anavinda, — Selim shunday deb eshik yonidagi yangi jigarrang diplomatni imlab koʻrsatdi. — Qulfini ochishni xaridorning oʻzi biladi. Odaming ertalab xaridorga telefon qiladi. «Bir soatda yetib boraman», deydi. Lekin bir soatda ham, oʻn soatda ham bormaydi. Ertasiga telefon qilib, ana undan keyin boradi, — Selim yon choʻntagidan surat chiqarib, Kesakpolvonga uzatdi, — Xaridor shu odam. Turadigan joyi, ismi, telefoni orqasiga yozilgan.

Kesakpolvon bir suratga, bir Selimga qarab, ajablandi:
— Kozlov-ku? — dedi taajjubini yashirmay.
— Ha, Kozlov, — dedi Selim xotirjam ravishda.
— Buning izi yoʻqolgan, deb eshituvdim, — dedi Kesakpolvon Mamatbeyga qarab.
— Biz iz yoʻqotmaymiz, biz izni quritmagimiz mumkin, — dedi Mamatbey. — Kozlov Xongirey huzuriga bosh egib bordi. U endi Krasnoyarda bizlarga xizmat etajak, angladingmi?

Kesakpolvon bu reja asosida bir shumlik yotganini sezib, «tushundim», deb gapni kalta qila qoldi. «Kozlov bosh egib borsa Asad bilardi. Yo u xabarsiz qoldimi? Yo bilsa ham menga aytmadimi? Axir bizning Kozlovda anchagina olarimiz bor-ku?» Kesakpolvon bu muammoga javob topmay turib, Mamatbey:
— Qardashing bugun uchmagi lozimdur, — deb ta’kidladi. Bu bilan u borajak kurerning kimligini hozir bilishni istayotganini ma’lum qildi.
— Uning koʻp narsani bilishi shart emas. Buning ichida nima borligini aytma. Omonatni Kozlovga yetkazishi shartligini bilsa kifoya.

Shu onda, Kesakpolvon uchun kutilmagan tarzda xayo-liga bir fikr keldi-yu, bundan oʻzi ham quvonib ketdi. «Xitlarning odami» deb gumon qilinayotgan Halimjonni sinab olish uchun ayni vaziyat yetilganini anglab, uning nomini tilga oldi-da, ozgina ta’rif ham berdi.

Maslahat pishgach, Kesakpolvonga, ijozat berildi. U xoʻjalaridan topshiriq olgani kelgan malay holida oʻrnidan turdi. Selim uni xona eshigiga qadar kuzatib, diplomatni qoʻliga tutdi. Nari borsa toʻrt-besh kilodan oshmaydigan diplomat Kesakpolvon uchun gʻoyat ogʻir tuyuldi. Mamatbeyning kam gapirib, kuzatib oʻtirish, asosiy topshiriqni Selim aytishi, nihoyat, yukni tutqazishi «Bu yerda men xoʻjayinman, sen esa dastyorimsan», degan ishora edi. Kesakpolvonning Selim bilan birinchi uchrashuvidagi xavotiri amalga oshdi — u beklik tojini kiymay, yugurdaklik chorigʻiga munosib koʻrilganini angladi-yu, oʻzining peshonasiga qarsillatib urgisi keldi.

Koʻchaga chiqqach, oʻzicha bir kashfiyot qildi: «Asad shuning uchun ham Xongirey bilan ishlagisi kelmay, meni roʻpara qilibdi-da...»

2

Krasnoyarga uchajagini Halimjon havoalaniga kelganda bildi. U Kesakpolvon bilan yoʻlga chiqqanida «Yangi xoʻjayinni kuzataman shekilli», — deb oʻylagan edi. Chuvrindining oʻlimidan soʻng ikki oshna munosabatlarini kuzatib, oralarida jarlik paydo boʻlayotganini sezgan, Asadbekning idoraga kam borishi, ishlarga aralashmay qoʻyishidan amal kursisi Kesakpolvonga oʻtganini taxmin qilib, bundan kerakli joyni boxabar etgan edi. Shu taxminiga asoslanib Kesakpolvonni oʻzicha «yangi xoʻjayin», deb atayotgandi.

Qoʻliga diplomat bilan surat tutqazilib, vazifa topshirilgach, nima deyishini, nima qilishni bilmay garangsib qoldi.
— Ha, nimaga dovdirayapsan? — deb soʻradi Kesakpolvon.
— Uyga aytmay ketaveramanmi? — dedi Halimjon.
— Oʻzim aytib qoʻyaman. Sen bola oʻzingni taroziga solma. Bizda «uyim-puyim» degan gap boʻlmasligini hali ham bilmaysanmi? Esingdan chiqqan boʻlsa ikkala qulogʻingga quyib ol: bizda «nega?» deb soʻralmaydi. Biz «xoʻp» deydiganlarni yaxshi koʻramiz. Seni ikkita jonga qarz qilib qoʻyganmiz, a?

Bunisi Halimjon uchun yangilik boʻldi:
— Ikkita jon deysizmi?
— Balki uchtadir... — dedi Kesakpolvon yon tomoniga qarab chirt etib tupurib. — Manqangni oqizib kelganingni unutdingmi? Biz qutqarmaganimizda gʻilay qoningni icharmidi, joningni Hosil tabarruk qilib berganidan keyin qoʻlma-qoʻl boʻlib ketarmidi? Agar xotining hozir ikkiqat boʻlsa, uchinchi jon oʻsha-da.

Hali tugʻilmagan goʻdakning jonini ham garovga osongina, huddi oddiy gapni aytayotgandek tirkab qoʻyishi Halimjonni seskantirib yubordi. «Uchta jonning taqdiri shuni egasiga yetib borishiga bogʻliqmi?» deganday koʻzini Kesakpolvondan olib qochib, qoʻlidagi diplomatga qaradi.

Pattani belgilatish uchun yurishgan damda qoshu koʻzlariga qadar malla bir yigit xuddi qadrdonlarini uchratib qolganday kulimsirab kelib ular bilan koʻrishdi.
— Haydarbek aka, omadni qarang, bu oshnam bilan birga ucharkanmiz, — deganidan soʻng Kesakpolvon uning kim tomonidan yuborilganini angladi. Halimjonning «Kim bu?» degan ma’nodagi qarashiga javob bermadi. «Kerak boʻlsa yoʻlda tanishib olarsanlar», deganday u bilan koʻz urishtirib oldi. Halimjon yolgʻiz emasligini, kerakli joyga xabar qilib qoʻyish imkoni yanada ogʻirlashganini bilib, gʻashlandi.

Uchoqqa chiqib oʻtirishgach, malla oʻzini «Safter» deb tanishtirdi-da:
— Sizga ham aytishgandir, biz bir-birovimiz bilan koʻrinmas zanjir ila bogʻlanganmiz. Ovqatni ham birga yeymiz, sartirga ham birga boramiz. Siz bun- ga, — Safter Halimjonning tizzasidagi diplomatga shapatilab qoʻydi, — javob berasiz, men sizning eson-omon qaytib borishingizga.
— Gap yoʻq, kemaga chiqqanning joni bir, — dedi Halimjon taqdirga tan berib.

Avvaliga «diplomat ichi pul bilan toʻladir», deb oʻylagan edi. Lekin uning yengilligi, ehtiyot chorasining esa gʻoyat kuchliligi «qoradori» degan toʻxtamga olib keldi. «Atrofidagi sodiq yigitlariga topshirmay, nega menga yukladi?» degan muammoni esa Kozlovning uyini qidirib borgach, yechdi.

Safter vazifasini yashirmay, toʻgʻrisini aytgan edi. Halimjon uchuvchilar xonasiga kirib, ikki ogʻiz gap aytib chiqish evini ham qilolmadi. Krasnoyarga yetib borishgach esa Safter adashib qolishdan qoʻrqib onasining etagidan ushlab olgan boladay qariyb izma-iz yurdi. Vazifada belgilanganday birinchi kuni Halimjon xaridor bilan bogʻlanib, ikkinchi kuni bordi. Oʻn ikki qavatli uyning sakkizinchi qavatiga chiqishgandagina Safter undan uzildi. Halimjon qoʻngʻiroq tugmasini bosganida «Men yettinchi qavatda liftni ushlab turaman. Bir ishkal boʻlsa oʻzingni shu yoqqa qarab otaver», deb zina tomon yurdi.

Eshikni keksa bir ayol ochib «Kiravering, oʻgʻlim vannada, hozir chiqadi», deb Halimjonni ichkariga taklif qildi. Halimjon ostona hatlab oʻtishi bilan eshik qarsillab yopilib, shu onning oʻzida gaprdaniga toʻpponchaning sovuq ogʻzi tiraldi-da «qimirlama!» degan qat’iy buyruq yangradi. Roʻparasida toʻpponcha oʻqtalgan ikki yigit koʻringach, «diplomatni asta qoʻyib, qoʻlingni orqaga qil», degan buyruq berildi. Itoatkorlik bilan buyruq bajarilishi hamonoq Halimjonning bilaklariga kishan solindi. Shundan keyin yigitlar chekinishib, militsiya polkovnigi kiyimidagi oʻrta yashar kishi koʻrindi. U qoʻllarini orqasiga qilganicha asta yurib kelib Halimjonning roʻparasida toʻxtadi-da, goʻyo uning yuzlariga nimalardir yozib qoʻyilgan-u, shu yozuvlarni oʻqiyotganday obdon tikildi.

Gardaniga toʻpponcha tiralganida «tuzoqqa ilinganiga» ishongan Halimjon polkovnikni koʻrgach «Hayriyat, oʻzimizniki ekan», deb yengil nafas oldi. Uning tikilishida yomonlik koʻrmay oʻzini yengil tutdi. Lekin kutilmaganda qornidan musht yeb bukchaydi. Keyin gardaniga tushgan toʻpponcha dastasining zarbidan hushini yoʻqotdi.

Xushiga kelganida oʻzini keng xonada koʻrdi. Uni deraza ostidagi qovurgʻasimon poʻlat isitgichga suyab qoʻyishgan edi. Oʻrtadagi stol ustida diplomat turibdi. Polkovnik toʻrga oʻtirib olgan, yonida esa eshikni ochgan kampir bilan yana bir yoshroq juvon turishardi.
— Ana, botir janoblari oʻzlariga keldilar, — dedi polkovnik piching bilan. Soʻng yonidagilarga qarab olgach, gapini davom ettirdi: — Leytenant, guvohlar huzurida yozib qoʻying: qoʻlga olish paytida qarshilik koʻrsatdi, qochmoqchi boʻldi. Shunaqa, a? — ayollar polkovnikning bu savoliga javoban ishonchsiz ravishda bosh irgʻab qoʻyishdi. — Ana endi qulfning raqamlarini ayt, janob Kozlovga qanday sovgʻa olib kelganingni koʻraylik.
— Men bilmayman, — dedi Halimjon. — Kozlovning oʻzi bilarkan.
— Kozlov bilarkanmi? Qani oʻsha Kozel? Sen Kozlov bilan oxirgi marta qachon va qaerda uchrashgan eding?
— Men uni tanimayman, bugun telefonda gaplashgan edim.
— Dovdirama, kecha ham gaplashuvding. Kelishga va’da beruvding, a? Nega kelmading? Biz seni kutdik. Ayt, nega kelmading?

«Topshiriq shunaqa edi», desa gap chuvalashib ketishini bilgan Halimjon «Yoʻlda charchagan ekanman, ikkita pivo ichib uxlab qolibman», deya qoʻya qoldi. Polkovnikning ishorasi bilan xonadagi yigitlardan biri diplomatning raqamli qulfini bir-ikki buragan boʻldi-da, osongina ochdi. «Oʻzimni tanitsammikin?» deb ikkilanib turgan Halimjon bu tezkorlikdan ajablanib, tilini tiydi. Bular chinakamiga militsiya xodimlarimi yo kiyimini kiyib olib nayrang qilish-yaptimi — buni aniq bilmay turib oʻzini fosh qilishi mumkin emasdi. Bular haqiqiy militsiya xodimlari boʻlsalar ham biron bir toʻda bilan bogʻlanmagan deb aytish mumkinmi? Harholda bularni bu yerda tasodifan uchratmadi. Malla Safter ham bekorga oʻzini olib qochmadi. Bular kimlar? Maqsadlari nima?

Gardanidagi ogʻriqdan azoblanayotgan Halimjon bu savollarga javob topishga ojiz edi.

Diplomat ichi gʻijimlanib tashlangan gazeta parchalari bilan toʻla edi.
— Bu botir yigit shahrimizga gazeta olib kelibdi. Nima, sen pochtachimisan? — Polkovnik Halimjonga shunday savol berib, diplomatni ochgan yigitga buyurdi: — Yaxshilab qara, nahot faqat gazeta olib kelgan boʻlsa?

Gʻijimlangan gazetalar stol ustiga sochilgach, ixcham kitob hajmidagi oʻram koʻrindi. Polkovnik buyurmasa ham yigit oʻramni ochdi.
— Bu nima, bilasizlarmi? — deb soʻradi polkovnik ayollardan. — Ha, bilmaysiz. — Bu — qoradori! Mana shu koʻrib turganlaringiz kamida yuzta yigitni til torttirmay oʻldiradi. Yoki nogiron qilib qoʻyadi. Ha, bu botir yigit pochtachi emas ekan, yanglishibmiz. Buning mansabini «narkokurer» deyishadi. Yuzta yigitning joni evaziga bu janob mana bundaqa diplomatdan ikkitasini pulga toʻlatib olib ketishi kerak edi. Pulni esa muhtaram qoʻshnilaringiz Kozlov janobi oliylari toʻlashlari shart boʻlgan.

Dastlab Halimjonga achinish bilan qaragan ayollarning koʻzlarida endi nafrat zohir boʻldi. Polkovnik buni sezmaganday Halimjonni soʻroqqa tutdi:
— Toʻgʻri aytyapmanmi, qanchaga kelishgan edilaring?
— Mening vazifam faqat mana shuni berish edi.
— Ha, albatta, sen diplomat ichida nima borligini bilmagansan, a? Narkokurerlarning hammasi shunaqa laqma boʻlishadi. Molning hammasi shumi?
— Men mol haqida hech nima bilmayman.
— Leytenant, boshqarma bilan bogʻlaning, qoʻshimcha kuch yuborishsin. Mehmonxonani bosamiz. Men sezib turibman. Men katta ovni hamisha oldindan sezaman. Xonimlar, sizlar ham biz bilan birga borasiz. Rad etishga haqqingiz yoʻq. Men xavfsizliklaringizni toʻla ta’minlayman.

Polkovnik shunday deb oʻrnidan turdi. Bu orada suratkash ham ishini bitirgach, Halimjonni sudraguday qilib tashqariga olib chiqishdi.

Mehmonxonada, Halimjon egallagan karavotning bosh tomonidagi javoncha ichida bir xil hajmdagi, bir xil rangdagi yana ikkita diplomat turardi. Ular ochilganda biri pul, ikkinchisi qoradori bilan toʻldirilgani ma’lum boʻldi.

Leytenant yengil-elpi tarzda bayonnoma yozgach, ayollarga imzo chekdirildi-yu, «katta ovni oldindan sezish qobiliyatiga ega» polkovnik amri bilan qamoqxona sari yurildi.

Halimjon bunday holatdagi odamning haq-huquqlarini yaxshi bilsa ham, masala talashmadi. Ikki kungacha uni tergovga chaqirishmadi. Keyin esa nomi tergov deb atalgan, aslida qiynoqdan iborat jarayon boshlandi. Poyabzalini yechib qoʻyib tovoniga rezina tayoq bilan har urishganda joni miyasidan chiqib ketay derdi. Ammo «Birodar, men ham oʻzingizdanman, ishonmasangiz qoʻngʻiroq qiling», deyishdan oʻzini tiyardi. Bularning jinoyat olami bilan aloqasi borligiga shubhasi yoʻqligi uchun ham oʻzini tanitmadi. U yoqdagi ishlarning ostin-ustin boʻlib ketishidan xavotirlangani sababli emas, balki joni koʻziga koʻrinayotgani uchun oʻzining kimligini fosh qilolmasdi. Agar maxsus topshiriq bilan jinoyatchi toʻdaga kirib ishlaganini bilib qolishsa, bu azamat hamkasblari tovoniga urib, lazzatlanib oʻtirishmaydi. «Choyshabni yirtib, oʻzini osibdi», degan xulosani yozib, «yirik narkokurer»ning «Ish»ini yopib qoʻya qolishadi.

3

Manzura «kuyovingizni bir marta ham borib koʻrmadingiz-a», deb xarxasha qilaverganidan keyin Asadbek kasalxonaga otlandi. Avvaliga oʻlimini istagan, soʻng rahmi kelib olib qolgan odamni yoʻqlashni oʻzi uchun past ketish deb hisoblayotgan Asadbek kasalxona darvozasiga yetmayoq iziga qaytgisi keldi. Garchi «shu odam yashasin», deb marhamat qilgan boʻlsa-da, kuyovining gunohini hali kechmagan edi. Suyukli qizi Zaynabning qora kunlari uchun Elchinni kechirish mumkin ham emasdi. U taqdirning qora oʻyinlari bilan murosa qilishga majbur edi. Orada qizining taqdiri bor ekan, har qanday ablahning mal’unliklariga chidashdan oʻzga chorasi ham yoʻq edi.

Hamshira bilak tomirini topolmay igna sanchaverib Elchinning tinkasini quritgan damda Asadbek boshtabib kuzatuvida kirib keldi. Hamshira ularni koʻrib, ishini chala tashlaganicha chiqdi.

Qaynota bilan kuyovning koʻzlari toʻqnashdi.
— Bilib turib atay qildingiz-a? — dedi Elchinning koʻzlari. — Bunchalik makkorligingizni hisobga olmagan ekanman. Bir qoʻlingiz bilan boshimni silab, ikkinchisi bilan jonimni sugʻurib olmoqchi boʻldingiz-a?!
— Sen bola bundan battar azoblarga loyiqsan, — dedi Asadbekning koʻzlari. — Men umr boʻyi azob tortgin, deb seni oʻlimdan saqlab qoldim. Sen mening yuragimni tilib, tuz sepgansan. Bu yara oʻlgunimcha meni azoblaydi. Sen ham oʻlguningcha qaqshaysan. Shunda hisob-kitobimiz toʻgʻri boʻladi...

Koʻzlarining suhbati tilga koʻchmadi. Boshtabib huzurida bunday tikilib turaverish noqulay boʻlgani uchun Asadbek:
— Qalaysiz hofiz, opoqmisiz? — dedi. U mehribon ota kabi hol soʻramoqchi edi, ammo mehrdan mahrum dildan tilga shirin soʻz chiqmas ekan.

Elchin lablarini behol qimirlatib «rahmat» deganday boʻldi. Qaynota bilan kuyovning suhbati asosan shu bilan cheklandi. Bularning oʻrniga boshtabib gapirib «Elchinbekning ahvol-ruhiyasi yaxshi tomonga oʻzgarayotganini» ta’riflab ketdi. Hatto tabobat tarixidan ozgina gapirib oʻtdi. Bir-biriga unsiz ravishda tikilib turgandan koʻra bu odamning sayrashini ma’qul deb bilgan Asadbek luqma ham tashlamadi, gapini kesib ham qoʻymadi. Elchin horigan tarzda koʻzlarini yumgach, Asadbek oʻrnidan turdi.

Qaytishda shahar markazidagi uch qavatli imorat yertoʻlasiga joylashgan, «videobar» niqobidagi idorasiga kirdi. Dahlizda Boʻtqa bilan Jamshid televizor koʻrib oʻtirishgan edi. Eshikka orqa qilib oʻtirishgani uchun ikkovlari ham Bek akalarining kirib kelganini sezishmadi. Asadbek:
— Birov kelib dastmoyalaringni kesib ketsa ham bilmaysanlar-a! — deb baqirib bergach, baravariga sapchib turdilar. — Boʻtqa, bu yer idorami, yo amma-xolangning tavonxonasimi?!

Oʻzini oqlashga urinish, kechirim soʻrashning foydasizligini bilgan Boʻtqa «Bek aka...» deganicha boshini egib turaverdi.

Asadbek xonasining eshigini ochib, orqasiga qaramay «Jamshid» deb chaqirdi-da, ichkari kirdi.

Chuvrindinining oʻlimi, Kesakpolvonning xiyonatidan soʻng Jamshid Asadbekning eng yaqin odami martabasiga koʻtarilgan boʻlsa-da, xojasining yonida oʻtirish u yoqda tursin, oʻzini erkin tutishga koʻnika olmayotgan edi. Hozir ham Bek akasining izidan kirib «Buyuring, xizmatingizga tayyorman», degan mulozim koʻrinishida qoʻl qovushtirib turaverdi. Divanga oʻtirgan Asadbek unga bir qarab qoʻydi-da, yonidan joy koʻrsatdi.
— Halimdan darak bormi? — deb soʻradi Asadbek, Jamshid oʻtirgach.
— Aniq bir gap yoʻq. Qozining aytishiga qaraganda Haydar akam bilan aeroport tomonga ketishgan ekan. Surishtirib bilsam, u Krasnoyarga uchgan. Haydar aka kuzatib qoʻyganlar.
— Krasnoyarga? Haydar akang kuzatibdimi? — Asadbek shunday deb oʻylanib qoldi: «Xongirey Kozlovga taalluqli biron ish topshirdimi». — Xalimning xitlar bilan aloqasini surishtirdingmi?
— Surishtirdim. Iz bor.
— Akangga ham shunaqa dedingmi?
— Hali aytganimcha yoʻq. Haydar akam gumonsiragan boʻlsalar baribir tinch qoʻymaydilar. Yana bir-ikki bolaga «oʻldirasan» deb qoʻygandirlar.
— Ha, qiladi bu ishni. Sen yana surishtir, ish aniq boʻlsin. Halim oʻlmasligi kerak. Men bilan koʻrishib turganingga akang gʻashlanmayaptimi?
— Sezdirmayaptilar. Lekin oldingiday yaqinliklari yoʻqqa oʻxshaydi. Hozir akaxonning eng yaqinlari — Qozi.
— Sen Qozidan uzoqlashma.

Eshik ochilib, Boʻtqa koʻrindi:
— Bek aka, Petrenko degan oʻris soʻrayapti. Ertalab ham bir soʻrovdi, — dedi.

«Petrenko» deyishi bilan Asadbek Boʻtqaga yalt etib qaradi. Petrenko — Kozlovning oz odamlargagina ma’lum boʻlgan laqabi edi.
— Ertalab telefon qilgan boʻlsa, nega darrov aytmading? — Asadbek shunday deb unga oʻqrayib qaradi-da, telefon goʻshagini koʻtarib, qulogʻiga tutdi: — Men — Asadbekman, eshityapman.
— Salom Bek, gaplarimni eshitgin-u, savol berma. Yaqin kunlarda senga ashxabodlik Durdi «quyon» odam yuborishi yo telefon qilishi mumkin. U menga tegishli narsalarni soʻraydi, unga ishonma. Ikkalamizga qadrdon odamga va’dasi bor uning.
— Bilaman, uch kun oldin kelib ketdi. U soʻragan narsa biz tomonlarda yoʻq.
— Bek, senga bugun bir odam uchrashadi. Qolgan gaplarni oʻshandan eshitasan. Xayr.

Asadbek goʻshakni joyiga qoʻyib, «bu yogʻi qandoq boʻldi?» deganday Jamshidga qarab oldi.

Asadbek Ashxabodda Durdi «quyon» degani borligini eshitgan, biroq oʻzini koʻrmagan edi. Durdining oʻsmirlik chogʻi oʻgʻirlikka borganida sheriklarini tashlab qochgani uchun «quyon» laqabini olgani ham unga noma’lum edi. Uning tap tortmay, toʻgʻridan toʻgʻri uyga chaqirib kelishi Asadbekka yoqmadi. Ilgarigi vaqti boʻlganda Kesakpolvonga bir ishora qilib qoʻyardi, uning esa «sapchadek boshginangdan akang aylansin sening, avval oʻzing kimsanu kimga roʻpara kelmoqchisan, yaxshilab bilib ol. Ashxabodning zoʻri boʻlsang ham sendaqa ellikta Durdi bitta Asadbek boʻla olmaydi. Bor akasi, ashulangni aytib, kelgan joyingga qarab ketaver», demogʻi aniq edi.

Asadbek mehmonning hurmatini qilib ichkariga taklif qildi. Durdi «quyon» Kozlovdan, uning oilasidan gap ochib, maqsadini oshkor qildi. Yaqinda Kozlovni koʻrgani, «oilamdan xabar olib tur», deb undan iltimos qilganini ham aytdi.

Asadbek uning gaplarini eshita turib oʻzicha «Shu farosating bilan Ashxabodda kerilib yuribsanmi? Xongirey senga oʻxshagan ahmoqlarni yaxshi koʻrarkan. U yoqda sen, bu yoqda Kessak...» deb qoʻydi. Durdi «quyon» Asadbekni ishontirganiga shubha qilmay «Kozlovning oilasi qaerdaligini aytsangiz, xabar olib ketardim», dedi.
— Kozlov degan odam bilan qarindosh-urugʻchiligim yoʻq, — dedi Asadbek, — Ozgina oldi-berdi ish qilganmiz, hisob-kitobimiz toʻgʻri boʻlib ketgan. Bir yilning nari-berisida uni koʻrganim yoʻq.

Durdi «quyon» yana bir oz gapni aylantirib oʻtirgach, ketishga ijozat soʻradi. Asadbek «osh tayyor edi-ya» deb manzirat qilmay, darvozaga qadar kuzatib qoʻydi.

U Durdi «quyon»ning tashrifi tavakkalchilik bilan olib borilayotgan qidiruvning bir koʻrinishimidi yo is olishdimi, degan savolga javob topishga harakat qildi.

Muhiddin ota Kozlovning oilasini boshlab kelib Margʻilondagi oshnasinikiga joylashtirganini aytgan kuniyoq Chuvrindi ularni bexavotir yerga koʻchirish haqida buyruq olgandi. Asadbek Abdurahmon tabibnikiga borganda Kozlovning oilasi Olmaliqdagi uch xonali uyga joylashib ulgurgandi. Bu uyni faqat Chuvrindi-yu, Asadbekkina bilishardi. Qoʻshnilar diqqatini tortmasligi uchun, Asadbekning taklifiga koʻra, Kozlovning xotini kimyo zavodiga ishga ham kirgandi. Undan Chuvrindining oʻzi xabar olib turardi. Uning oʻlimidan soʻng Asadbek oʻzining tashvishlari bilan ovora boʻlib, Olmaliqqa borolmadi. Durdi «quyon» kelib ketgach, borishni rejalashtirib turganda Kozlovning oʻzi qoʻngʻiroq qildi.

Asadbek bu yerga kelayotganida idorada uzoq oʻtirmay uyga ketishni oʻylagandi. Kozlov tomondan odam kelishini bilgach, kutishga qaror qilib, Jamshidga ruxsat berdi. Jamshid ostonaga yetganda uni toʻxtatdi:
— Sen uyga kirib oʻtgin, Hamidning isitmasi tushsa ham lanjligi koʻtarilmayapti. Erkajonovmi degan professorlaring boʻlardi-ku, oʻshanga olib borgin, bir koʻrib qoʻysin. Toʻyga aytadigan odamlarini yoʻl-yoʻlakay taklif qilaverlaring.

Jamshid vazifani olib, chiqib ketgach, yolgʻizlik dardi qoʻzgʻoldi. Devorlar xuddi siljiganday, xona torayganday tuyulib, Asadbekning yuragi bexalovat ura boshladi. Chap koʻkragida yaralangan qushcha potirlaganday boʻldi. Ana shu potirlash asnosida goʻyo yuragidan danakday parcha ajralib chiqdi-yu, boʻgʻziga kelganda qadalib qoldi. Asadbek chuqur-chuqur nafas olib oʻrnidan turdi-da, Boʻtqa oʻtirgan xonaga chiqdi. Xojasining tanbehidan keyin sergak turgan Boʻtqa uni qoʻl qovushtirgan tarzda qarshi olib, «choy qaynab turibdi-ya, damlaymi?» deb soʻradi. Asadbek televizor qarshisidagi oromkursiga choʻkib oʻtirib:
— Choyingni qoʻy, oqidan ellikta quy-chi, — deb buyurdi.

Boʻtqa boʻtqa boʻlib shu dargohga kelibdiki, Asadbek hali biron marta bu xonada oʻtirmagan, oʻzi «ellikta quy», deb soʻramagan edi. Shu sababli Boʻtqa amrni anglamaganday xojasiga qaradi.
— Nimaga angrayasan, oqidan ellikta quy, deyapman.
— «Napoleon» yaxshimasmi, Bek aka, oʻn ikki ming tomirdagi qonlarni yurgʻizvoradi.
— Yoʻq, yuragim sal oʻynaganday boʻlib turibdi, oqi durust. Qani, tuzukroq tomoshangdan qoʻy-chi.
— Qanaqasidan boʻlsin, qitiqlaydiganlaridanmi? Buyam bir koʻngil-terapiyada, Bek aka. Nozik tomirlaringizni oʻynatib yuboradi.

Asadbekning bu taklifga qovoq uyub qarab qoʻyishi Boʻtqaga kifoya qildi. Karatechi bolalarning sarguzashti haqidagi tamoshani qoʻyib, Bek akasi xush koʻradigan gazakni tayyorlagach, billur qadahga, aytilganday ellik emas, yuz gramm aroq quyib ehtirom bilan tutdi.

Shom qorongʻusiga qadar vaqt shu tarzda oʻtdi. Asadbek ketishga chogʻlangan paytda eshik ochilib, bir yigit shim kiygan qizni boshlab kirdi-da:
— Videobar ishlaydimi? — deb soʻradi.
— Ishlamaydi, boʻldi, yopildi, — dedi Boʻtqa unga javoban.

Yigit bu gapdan keyin iziga qaytish oʻrniga Asadbekka qarab olib, yana oldinga yurdi. Boʻtqa oʻrnidan turib, uning yoʻlini toʻsdi:
— Berk deyapman-ku!
— Bitta qahva bering, sovubroq qolgan boʻlsa ham mayli.
— Qahvani Braziliyaga ekib qoʻyishibdi, pishganda kelasan.

Yigit yana Asadbekka qarab oldi:
— Bu amakimizdan bir narsa soʻrasam maylimi?
— Maylimas, amakingning boshi ogʻrib turibdi, boʻldi, chiqlaring, — Boʻtqa shunday deb yigitning yelkasidan tutdi.
— Xoʻp, ketamiz, — yigit shunday deb yana Asadbekka qaradi: — Amaki, men sizning suratingizni uyimizdagi albomda koʻrganman. Men Petrenkoning oʻgʻliman. Eslaysizmi, armiyada birga xizmat qilgan ekansiz.

Bu gapni eshitib Boʻtqa «Ertalab telefon qilgan senmiding yo adangmidi?» deganday qarab qoʻydi. Asadbek esa kutgan odami kelganini anglasa ham sezdirmaslikka harakat qilib bosh chayqadi:
— Petrenko? Bunaqa tanishim yoʻq. Armiyada ham boʻlmaganman. Lekin sening yuz-koʻzlaring menga kimnidir eslatyapti. Qani, bu yoqqa oʻtib oʻtir-chi. Qizing ham oʻtirsin.
— Ular oʻtirgach, Asadbek ajablanib turgan Boʻtqaga muloyim ovozda buyurdi: — Rasul, bular mehmonga oʻxshashyapti, qahva qaynatib bergin, — Boʻtqa amrga itoat etib oshxona tomon yurgach, yana yigitga qaradi: — Xoʻsh, mehmonlar, qaerliksizlar?
— Biz mehmon emasmiz, shu yerlikmiz, aylanib yurib bir qahva ichmoqchiydik. Dadam hozir Tomskdagi qarindoshlarnikida dam olyatuvdilar. Men ham ertaga oʻsha yoqqa ketyapman. Safardan oldin Yulya bilan sayrga chiquvdik. Siz Tomskda boʻlganmisiz?
— Yoʻq, bunaqa shahar borligini endi sizdan eshit-yapman.
— Voy, — deb ajablandi qiz, beixtiyor suhbatga qoʻshilib, — geografiyadan oʻqimaganmisiz?
— Men maktabda ikkichi edim, — dedi Asadbek kulimsirab.
— Axir...
— Yulya, iltimos, aralashmay turgin. Amaki, siz Tomskka albatta boring, zoʻr shahar! Dadam u yerda tugʻilmagan boʻlsalar ham «ikkinchi vatanim» deydilar,— yigit shunday deb pidjagining ich choʻntagidan bir nechta foto surat chiqardi: — mana qarang-a, chiroylimi?

Asadbek shahar manzarasi aks etgan suratlarni qiziqib tamosha qilganday boʻldi.
— Bular sizga esdalik, — yigit shunday deb suratlarni Asadbekka uzatdi.

Yigit sergap ekan, qahvani ichib boʻlgunicha ham gapdan tinmadi. Boʻtqa uni gardanidan changallagancha koʻchaga sudrab chiqqisi keldi. Asadbek esa uning quvligiga tan berib, kulimsirab oʻtiraverdi. Yigit mehmondorchilik uchun rahmat aytib, qizini yetaklab chiqib ketgach, Boʻtqa:
— Bir siltovi kamroq-ku bu bolaning, qandoq chidab oʻtirdingiz? — deb soʻradi.
— Bunaqa almoyi-aljoyi gaplarni anchadan beri eshitmovdim. Gapi nima bilan tugashiga qiziqib oʻtiraverdim.
— Qizi shkalat ekan, bitta imo qilganingizda bolani chiqqan joyiga kirgʻizvorardim.
— Qoʻy, boyaqish ertaga otasining oldiga ketayotgan ekan. Sen bilan meni Tomsk degan shaharga taklif qildi, boramizmi?
— Be, sovuq joylarda nima bor, iliklarni toʻgʻnatib nima qilamiz. Bizga Yalta yarashadi. «Puling boʻlsa xaltada — boravergin Yaltaga, puling boʻlmasa xaltada — pishirib qoʻyibdimi senga Yaltada?» — Boʻtqa shunday deb huzurlanib kuldi.

«Ilgari roʻparamda titrab turishardi. Tuzuk-ku, maqolni ham bilarkan. Yana ozgina boʻshashsam boshimga chiqib olar?» Bu fikrdan gʻashlangan Asadbek qovoq uydi. Quyushqondan chiqib nooʻrin hazil qilganini ang-lagan Boʻtqa darrov lab-lunjini yigʻishtirib oldi.
— Boʻtqasanda bola, haqiqiy boʻtqasan, — Asadbek shunday deb zaxarli tarzda kuldi-da, oʻrnidan turib eshik tomon yurdi.

XV bob

1

Deyilmishkim, aqlan oliy maqomga yetishganlar uch narsaga: Tangri taolo belgilamish taqdirga, oʻzi kabi va oʻzidan ulugʻroq kimsalarga, donolarning soʻzlariga bosh egarmishlar. Maydakash odamlar esa taqdir yozugʻi nima ekanini fahm etmaydilar, undan qoʻrqmaydilar, ulugʻlarni mensimaydilar, donolarning soʻzlarini eshitib, ularni masxara qiladilar.

Dunyodagi har narsa oʻz jufti bilan, yana oʻz muqobili bilan yaralmish ekan. Ya’nikim, oqning muqobili qora, shirin roʻparasida achchiq, mehrning ziddida qahr, shafqat qarshisida zulm mavjud. Eng ulugʻ muqobillik esa — oʻlim va hayotdir.

Olamda aqlli odamlar bor.

Aqlsizlar kam emas.

Ajab haqiqat shuki, hech kim oʻzining ahmoqligini tan olmaydi.

Aqllilik va aqlsizlik... Buning oʻlchovi bormi? Me’yori mavjudmi?

Hayot ne’matlaridan har ikki toifa ham bahramand boʻladi.

Oʻlim sharbati har ikki toifaga nasib etadi.

Odamlar aqllilarning uzoqroq yashashlarini istashadi.

Lekin aksi boʻlib chiqaveradi:

Tor boʻlib qoladi zamon donoga...

Baloga aylanib qoladi aqllilik...

Zohid Anvarning kundaliklarini oʻqib shu fikrga keldi. Anvarning fikrlari uni bir necha kun davomida ta’qib etib yurdi. Ayniqsa kundalik soʻngidagi bir toʻrtlik xotirasiga osongina muhrlanib qoldi:

«Afsuskim, bekordan bekor soʻldik biz,

Falakning dastidan kukun boʻldik biz.

Koʻz ochib yumguncha koʻrgan alamdan

Tilakka yetolmay, oxir oʻldik biz...»

«Falakning dastidan kukun boʻldik...» Aslida bu har bir odamning qismatida bor. Tuproqdan yasalmish odam bolasi oxir-oqibat tuproqqa qorishmagi aniq. Ammo unga qadar... Bekordan bekorga soʻlish bor.

Anvarning yozuvlaridan ta’sirlangan Zohid koʻproq oʻsha «bekordan bekor soʻlish» haqida oʻylardi.

Yuzakiroq qaraganda Zohid bilan Anvarning yashamoqdan maqsadlarida yaqinlik bordek koʻrinadi. Unisi ham bunisi ham adolat, holi hayotda haqiqat izlab sarsari kezuvchilardan edi. Ajab-ajabki, birovining orzusidagi adolat va haqiqat ikkinchisinikiga uncha oʻxshamasdi. Yana ajabki, birovi haqiqatni sirtmoqda koʻrdi, ikkinchisi kurashdagi azobda, orzudagi rohatda deb bilib, hamon sarob sari odimlaydi. Tilakka yetolmay oʻtib ketishini anglab tursa ham qaysarlik bilan qadam bosadi.

Yana ajab-ajabki, dunyo dunyo boʻlganidan beri hali hech kim «tilaklarimga yetib jon beryapman», demagan. Chunki tilak deganlari hamisha homilador. Biriga yetilsa, ikkinchisi urchib, bolalab turadi. Hidoyatda yurganlarning soʻnggi tilagi bir-biriga oʻxshaydi. Fosiqlarniki esa oʻz nafslari darajasiga mos ravishda turlicha boʻladi.

Zohid haqiqat tilagida oʻtgan Anvarni oʻylaganda uni jinnixonaga tiqish qudratiga ega odamni koʻrgisi kelaverdi. Anvarning ma’rakasida Elchin bilan uchrashganda u Xolidiy degan odamni aytgan edi. Ustozi Habib Sattorov garchi uning nomini tilga olmagan boʻlsa-da, ukasining oʻlimida bu odamning qoʻli borligiga shama’ qilgan edi.

Doʻstining janozasida oʻsha odam xuddi oʻsha hojatxonaga osilishi kerak deb qasd qilgan Elchin harakatsiz yotibdi. Habib Sattorov zimdan ayblagani bilan unga qarshi chora koʻrishga urinmaydi. Zohid esa chorasiz. Elchinning ham, Habib Sattorovning ham gaplari, pichinglari oʻrinli: Xolidiyni qotillikda ayblay olishmaydi. Demak u ayshini surib yashayveradi. Gʻashini keltirgan odamni pashshani yanchgandek yanchaveradi. Shunday edi...

Nahot yana shunday boʻlib qolaversa?

Axir zamon oʻzgaryapti-ku?..

Adolat istovchi Zohidning hayot haqidagi tushunchasi zaif edi. Yamoq toʻnni yechib tashlab, yangisini kiygan odamni yaxshi boʻlib qoladi, deb hisoblardi. Gap odam ustidagi toʻnda emas, koʻkrak qafasidagi qalbda ekani haqidagi oddiy haqiqatni anglashiga picha fursat bor edi.

Anvarning ma’rakasidagi uchrashuvda Elchin «yana Xolidiy ichburugʻdan oʻlib qolsa, mendan koʻrib yurmang», deb piching qilgan edi. Oʻshanda Zohid bu gapga yetarli e’tibor bermagandi. Anvarning yozuvlarini oʻqigach, oʻsha suhbatni bexos esladi.

Chindan ham Xolidiy yuqori qavatdan yiqilib oʻlsa yoki murdasi suvdan chiqsa tekshir-tekshir boshlanadi. Necha-necha odam shubha toʻriga oʻraladi. Bu toʻrga Elchin ham ilashib qolishi hech gapmas. Bu sohadagi haqiqat yuzaga chiqquniga qadar qancha odamning halovati buziladi.

Xuddi Mirkarimovning ishiga oʻxshab...

Kim biladi, murdasi suvda irigan Mirkarimov ham tiriklik chogʻida necha-necha odamning yuragiga zaharli soʻz xanjarlarini sanchgandir?

Kim biladi, uning oʻligi suvdan topilganda necha-necha odam quvongandir, «battarroq boʻlsin edi», degandir.

Kim biladi, balki Mirkarimovning zaharli soʻz xanjaridan oʻlim topganlar uning boshiga guvala qoʻyilib, lahad ogʻzi berkilganda doʻzaxning olov toshlari bilan qarshilagandirlar.

Kim biladi, balki Xolidiyning qismati ham shunday boʻlar...

Balki hammasi aksinchadir...

Agar Zohid niyatini amalga oshirib, Xolidiy huzuriga borsa-da, aytsaki: «Siz bilan Mirkarimov bir xildasizlar». Bu gapdan, shubhasizki, Xolidiy ajablanar, toʻgʻrirogʻi gʻazablanar va aytarki: «Bu qanday nodonlik! Men olim odamman, jamiyatga falon miqyos-da foydam tekkan. U esa puldan boshqa narsani oʻylamagan odam...» Xolidiyning fatvosida zohiran jon bor. Kasb, turqu tarovat — koʻzga koʻrinuvchi jihatlar farqlanadi. Ammo nazarga tushmas bir illat borki, uni «nafs» deydilar. Aynan shu nafs bir-biriga zoxiran oʻxshamagan odamlarni botinan bir xil koʻrinishga keltiradi. Mirkarimovning nafsi maishatni istardi. Buning uchun u hayotini pul topishga sarf etdi. Xolidiyning nafsi ham maishat istardi. Buning uchun u hayotini amal egallashga sarf etdi. Bunda biron farq koʻrinadimi?

Zohid oʻylab-oʻylab farq topmadi.

Koʻp masalalarda Anvar bilan hamfikr boʻldi. Faqat... Soʻnggi chorani aqlsizlik deb baholadi.

2

Zohid Said Qodirovning bu safargi yoʻqlovidan asosiy maqsadni durust anglamadi. U odatdagiday Mirkarimovning oʻlimi asadbeklar toʻdasiga bogʻlanyaptimi yo yoʻqmi, deb qiziqdi. Zohid gumonlarning biri zaif boʻlsa-da, hamon shu toʻdaga bogʻlanib turganini ayt- di-yu, biroq yangi tugʻilgan shubhalarini bayon qilib oʻtirmadi.
— Mahmud Ehsonovning oʻlimidan keyin toʻdada biron oʻzgarish sezilmayaptimi, mish-mishlar nima deydi?

Zohid Said Qodirovning bu ilmoqli savoliga darrov javob bermadi. «Meni mish-mish yigʻib yuradi», deb eshituvdingizmi, demoqchi ham boʻldi-yu, tilini tiydi-da:
— Asadbeklar bilan shugʻullanmay qoʻyganman, — deb qoʻya qoldi.
— Toʻda ichida qora mushuk gʻimirlab yurganga oʻxshaydi, — dedi Said Qodirov xuddi oʻziga-oʻzi gapirayotganday. Soʻng «Nahot qiziqmay qoʻydingiz?» degan savol nazari bilan qaradi-da, gapini davom etdi: — «KamAZ»ning haydovchisidan foyda yoʻqqa oʻxshab turibdi. Boshi katta, boʻyi kalta odam esa izsiz yoʻqolgan. Mirodil Boyqoʻziev deganini eshitganmisiz?
— Yoʻq.
— Uning xotini militsiyaga arz qilgan: eri yoʻqolibdi. Ehsonovning janozasidan keyin uni hech kim koʻrmagan. Hozircha tirik odamlar orasidan qidirish-yapti. Bugun umid bor... bilmadim... ertaga balki qab-ristonlardan izlashga toʻgʻri kelar... Ularning orasidan yana kimlar yoʻqolayotgan ekan...

Said Qodirov aslida shu savolga javob topish maqsadida Zohidni yoʻqlagan edi. Doimiy ravishda ma’lumot yetkazib turuvchi Halimjonning toʻsatdan yoʻqolib qolishi uni xavotirga sola boshlagan, ehtiyot chorasi sifatida Xalimjonning oilasini boshqa joyga koʻchirtirgach, «biron gap eshitgandir», degan umidda Zohidni chaqirgandi. Chaqirishga chaqirdi-yu, «toʻdadagi odamimiz yoʻqoldi, surishtiring» demadi. Xalimjonni oshkor etishga hali fursat bor, deb oʻylab, suhbatini chuchmal tarzda yakunladi. Zohid mana shundan ajablandi.

Moskvadan javob keldimikin, degan ilinjda shahar prokuraturasidagi xonasiga kirdi. U Oysanam Erkaeva bilan akasining koʻrsatmalaridan shubhalanib Moskvaga soʻrov yuborgan, Mirkarimov yoʻqolgan kecha bolalarga qanday multfilm koʻrsatilganini aniqlab berishlarini iltimos qilgan edi. Bundan avvalroq shahar elektr tarmoqlari idorasi bilan bogʻlanib, oʻsha kech Mirkarimovning mahallasida elektr quvvati oʻchirib qoʻyilgan yoki oʻchirilmaganini surishtirgan edi. Shaharni elektr quvvati bilan ta’minlashda qiyinchilik mavjud boʻlgani sababli mahallalarda navbatma-navbat chiroq oʻchirib qoʻyilardi. Oʻsha hafta Mirkarimovning mahallasida chiroq oʻchirilmagani haqidagi ma’lumot Zohiddagi bitta shubhani yoʻqqa chiqardi. Ikkinchi shubhaning isboti Moskvadan kelajak ma’lumotga bogʻliq edi.

Zohidning sezgisi aldamabdi: Moskvadan xabar kelibdi. Unda yozilishicha, oʻsha kech rasmiy majlisdagi Gorbachevning ma’ruzasi kutilgandan koʻproq choʻzilgani sababli bolalar uchun ertak koʻrsatuvi umuman efirga chiqmagan, multfilm ham koʻrsatilmagan... «Bu yogʻi qandoq boʻldi», — deb oʻyladi Zohid, — shuncha paytdan beri Erkaeva toʻqigan ertakka ishonib yurildimi? Endi... hammasini boshidan boshlash kerakmi?..»

Zohid ishni qanday davom ettirishni oʻylay-oʻylay birinchi galda Oysanam yashayotgan uyni kuzatish kerak, degan qarorga keldi. Shu qarori bilan rahbariyat huzuriga kirib, ijozat oldi. Yaqin kunlarda Mirkarimovning uyida tintuv oʻtkazish niyatini esa oshkor etmadi. Uyni kuzatish boʻyicha militsiya idorasi bilan boʻladigan rasmiyatchiliklarni bajargach, Zaripova bilan uchrashish uchun shahar turmasiga bordi.

Zaripova — chiroyda Oysanamdan qolishmaydigan xushroʻy ayol — soʻroq xonasiga kirib «hamma gaplarni aytib boʻlganman, yana keldingizmi?» deganday Zohidga bir oz qarab turdi. Soʻng uning qarshisiga oʻtirib, iboli ayollarga xos boʻlmagan tarzda oyoqlarini chalishtirib oldi. Avvalgi uchrashuvdagi suhbat asabiy ravishda tugagan edi. Bu safar samimiyroq tarzda gaplashishni istagan Zohid:
— Kelaverib joningizga tegdimmi? — deb kulimsirashga harakat qildi.
— Kelib turganinglar yaxshi menga, — dedi Zaripova. — Kelsalaring qamoqda chirimasligimga ishonaman.
— Gapingizga uncha tushunmadim?
— Kelaversalaring bittalaring boʻlmasa, ikkinchilaring begunohligimga ishonarsizlar? Oddiy narsani tushunishni nega istamaysizlar?
— Tushunishni istaganimiz uchun kelamiz.
— Boʻlmagan gap! — Zaripova shunday deb qoʻl siltadi. — Har safar yangi sirtmoq yasaysizlar. Kelaverib, kelaverib sirtmoqni tortaverasizlar. Oxiri boʻgʻilib oʻlay deganimda «Mavlon akani men oʻldirganman», deb tan olishimni xohlaysizlar. Lekin shunaqa deganim bilan darrov ishona qolmaysizlar. «Oʻldirishga bir oʻzingning kuching yetmaydi, oʻynashing yordam bergan, oʻsha oʻynashingni ayt!» deb yangi sirtmoqlar yasaysizlar. Mayli, siquvga olaveringlar, bir boshga — bir oʻlim. Hammasiga chidayman. Men siz kutayotgan iqrorni aytmayman, — Zaripova xoʻrsinib, oldi-da, qalin panjarali darchaga qaradi: — Oldin soʻroq qilgan odam qoʻrsroq edi. Siz ishni madaniychasiga yuritar ekansiz. Ikkovlaring ikki olamga oʻxshaysizlar. Lekin maqsadlaring bir. Nahotki shuncha oydan beri shubhalanadigan boshqa odam topilmagan boʻlsa?
— Zaripova, tushunadigan ayolga oʻxshaysiz. Biz shuncha oydan beri nima ish bilan shugʻullanayotganimiz boʻyicha sizga hisob berishga majburmasdirmiz?
— Albatta majbur emassiz. Jahlingiz chiqmasa sizdan bir narsani soʻrasam.
— Soʻrang.
— Siz... mantiq degan fan borligini hech eshitganmisiz? Men atay «oʻqiganmisiz?» deb soʻramayapman. Mantiq ilmini oʻqigan odam bunaqa boʻlmaydi.
— Qiziq... — Zohid beixtiyor ravishda stolni chertib-chertib qoʻydi: — Mantiqdan bexabarligimni isbot qilib bera olasizmi?
— Albatta. Lekin siz soʻroq qilgani kelgan odamsiz, falsafadan masala soʻqishga toqatingiz yetmas?
— Yetadi, tashvishlanmang, gapiravering.
— Yaxshi, unda eshiting: dunyodagi barcha narsalar, hodisalar «mantiq» degan koʻrinmas zanjir bilan bogʻlangan, degan fikrga qoʻshilarsiz? — Zaripovaning savoliga javoban Zohid bosh irgʻab qoʻydi. — Lekin hamisha ham shunday boʻlavermaydi. Faqat bizga hamma harakatda mantiq borday koʻrinaveradi. Biz mantiq bilan mantiqsizlikning aniq chegarasini ajratib ololmaymiz, bunga nima deysiz? — Zohid «qani, davom etavering-chi», deganday yelka qisib qoʻydi. — Mana, masalan, siz bilan mening bu holda oʻtirishimizda mantiq bormi?
— Yoʻq deb oʻylaysizmi?
— Albatta yoʻq. Siz «haqiqatni oydinlashtirish uchun mantiqiy majburiyat bor», dersiz? Men esam aynan shuni eng katta «mantiqsizlik» deyman. Agar begunoh bir ayolni ikki yuz oʻttiz kun qamoqda ushlab turishni «mantiqiy majburiyat», hisoblasangiz, xafa boʻlmangu, hech narsa bilmas ekansiz.
— Siz oʻzingizni begunoh hisoblayapsiz. Bu yerda oʻtirganlarning deyarli barchasi shu fikrda.
— Bu masalada siz bilan bahslashmayman. Oʻzimga tegishli gapni aytay: jinoyat oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi, a? Kutilmaganda, toʻsatdan yuz berdi, deb hisoblangan fojia ham aslida ancha ilgari boshlangan boʻladi. Misolga Mavlon akaning taqdirlarini olaylik: oʻsha kuni bexos suvga tushib ketib oʻldilarmi yo oʻldirildilarmi? Agar oʻldirilgan boʻlsalar, qotil oʻsha kuni qasd qilib oʻsha kuniyoq maqsadiga yetmagandir? Tasavvur qilaylik, sizning shubhangiz toʻgʻri chiqdi, qo-til — menman. Mantiqan olib qarasak, Mavlon akani oʻldirishga tayyorgarligim u kishi bilan tanishgan kunimizdan boshlangan boʻladi. Bir-birimiz bilan uchrashganda atrofimizda hech kim yoʻq, deb oʻylardik. Aslida oramizda oʻlim bor ekan-u, sezmabmiz. Kunlar, oylar ichi ana shu oʻlimning qachon va kimning qoʻli bilan yuzaga chiqishi masalasi beixtiyor ravishda hal etilgan. Shunaqa desak mantiqqa toʻgʻrimi? Ha, — Zaripova ayanchli tarzda kulimsiradi. — Bu bir taxmin. Yana haqiqat deb yopishib olmang. Lekin gapimda ozgina haqiqat ham bor. Mening bu koʻrguligim, gunohlarimga yarasha tuhmat bilan mukofotlanishim Mavlon aka bilan tanishgan daqiqamdan boshlangan ekan, — Zaripova boshini egib bir oz sukut saqladi. Soʻng Zohidga qarab kulimsiradi: — Gapni ham rezinkaday choʻzib yubordimmi, ajablanmang, men azaldan ezmaroqman. Xoʻp, yana ozgina toqat qiling, asosiy gapni aytvolay: Meni qotil deb gumon qilganingizda «bu xotin shunday boy oʻynashini nega oʻldirdi?» deb oʻzingizga oʻzingiz savol berib koʻrmadingizmi? Bu yerda mantiq qani? Mavlon akaning oʻlimidan koʻproq men jabr chekdim-ku?
— Moddiy manfaatni nazarda tutyapsizmi?
— Faqat bu emas. Mavlon aka meni... yaxshi koʻrardilar. Yolgʻiz ayol uchun bu yaxshi koʻrishning qadri qandayligini siz his qila olmaysiz. Siz xuddi shu nuqtada menga mantiqni topib bering-chi? Agar Mavlon akaning oʻlimidan biron foyda olsam, bu ishga qoʻl urishim mumkin edi. Bu gapim ham taxmin, men birovning oʻlimidan foyda kutadigan ablah emasman.
— Savolingizga hozir javob berishim shartmi?
— Mutlaqo shart emas. Gapdan gap chiqqani uchun ozgina ezmalik qildim, kechirasiz.
— Fikrlaringiz menga ma’qul. Savolingizga esa albatta javob qaytaraman, faqat bugun-erta emas, qotilni aniqlagan kunim.
— Shunday deyishingizni bilardim. Savolimga javob bersangiz ham, qotilni topib jazolasangiz ham mening bu yerda chirigan kunlarimni qaytarib bera olmaysiz, bu yerdan chiqib men texnikumdagi oʻquvchilarimga dars oʻta olmayman, bu shaharda, umuman bu hayotda bosh koʻtarib yurishim mumkin boʻlmay qoladi.
— Sizdagi ilm, farosat bilan bu azobni yengish mumkin, deb oʻylayman.
— Yoʻq, yengish uchun ilm bilan farosatning oʻzi kifoya qilmaydi. Hatto irodaga ham ishonib boʻlmaydi. Mening kelajagim — oʻzimning bosh ogʻrigʻim, siz oʻylamay qoʻyavering. Soʻraydiganingizni soʻrang.

Zohid, prokuratura tergovchisi, gumondagi shaxsdan «soʻrang» degan ijozatni olsa-da, darrov soʻroqqa tutmadi. «Zaripova hayajonini bosib olsin», deb sukut saqladi, xuddi savol axtarayotganday koʻrsatgich barmogʻi bilan chakkasini siladi. Zaripovaga bu sukut yoqmay «soʻramaysizmi?» degan ma’noda tikilgach, Zohid dastlabki savolini berdi:
— Eshpoʻlatovning aytishicha, xoʻjayinini olib kelganida siz yolgʻiz boʻlgansiz. Siz esa odam bor edi, Eshpoʻlatov hech kimni boshlab kelmagan, deyapsiz. Kimning gapiga ishonishim kerak?
— Eshpoʻlatovning oʻzi ham, xoʻjayini ham kelmagan.
— Uyingizdagi oʻsha odam buni tasdiqlashi kerak. Oʻsha odam kim, ayting. Aytsangiz oʻzingizga foyda.
— Men uning kimligini aytolmayman.
— Qoʻrqasizmi?
— Ha, qoʻrqaman, oilasining buzilib ketishidan qoʻrqaman.
— Oilasi buzilib boʻlgandir balki?
— Nega unday deyapsiz?
— Ayollar tabiatan sezgir boʻlishadi. Erlaridagi oʻzgarishni tez fahmlashadi. Ularda gipofiz yaxshi shakl-langan, deyishadi. Gipofiz nimaligini bilasizmi?
— «Uchinchi koʻz» demoqchimisiz? Bilmadim, siz bu gapni qaerdan oldingizikin. Balki siz aytganday shakl-langandir, lekin bu koʻrinmas uchinchi koʻzda aql boʻlmaydi. Erkak bilan ayol uchrashsa oʻsha gipofiz xuddi siz kabi ahmoqona xayolga boradi.
— Aniqroq gapira olasizmi?
— Anigʻi shuki, men bugun Mavlon aka bilan, ertasiga boshqasi bilan yotadigan fohisha emasman. Mavlon aka bilan munosabatimiz quruq nafsdan iborat emas edi. Oʻsha kuni uyimga kelgan odam siz oʻylagan ilinjda oʻtirmagandi. Samimiy doʻst sifatida, hatto aka-singil sifatida gaplashib oʻtirganimizga siz ham ishonmaysiz, boshqalar ham. Shuning uchun uning kimligini aytmayman. Gaplarimga ishonsangiz ishoning, ishonmasangiz — oʻzingiz bilasiz. Mening boshqa soʻzim yoʻq, ayting, olib ketishsin.
— Shoshilmang, oʻzingizni bosing. Sizning aytadigan soʻzingiz boʻlmasa, mening soʻraydigan savollarim bor. Bu yerga shu maqsadda kelganman. Falsafadan dars eshitish uchun emas, — Zohidning keyingi gapi sal dagʻalroq chiqib, oʻziga ham erish tuyuldi.

Bu dagʻallik Zaripovaga ham ta’sir etdi. U «Ana endi asl qiyofangga kirding, boyatdan beri moʻmin oʻquvchiday oʻtiruvding», deganday Zohidga bir oz tikildi-da, soʻng mutelik bilan boshini egdi. Zohid uning koʻngli ogʻriganini sezsa ham, sir boy bermay, rasmiy ohangidan chekinmay soʻradi:
— Agar gapingizga toʻgʻri tushungan boʻlsam, Mirkarimov bilan munosabatingiz asosida nafs yotmas ekan. Unda... oralaringizda, shoirlar tili bilan aytganda... muhabbat boʻlganmi? Mirkarimov sizga uylanmoqchimidi?
— Shunday fikr bor edi. Lekin qaror darajasida qat’iylashmagandi.
— Nega? Biron toʻsiq bormidi?
— Bor edi.
— Oilasimi?
— Yana qanday toʻsiq boʻlishi mumkin? Ikki marta uylangan. Ikkinchisini qoʻyib, uchinchisiga uylansa partiyadan oʻchadi.
— Partiyadan oʻchsa — ishdan haydaladi, — Zohid shunday deb Zaripovaning gapini davom ettirdi: — Yogʻlik joy qoʻldan ketadi. Bunaqa er kimga kerak?
— Men Mavlon akaning boyliklariga uchmaganman.
— Lekin Mirkarimov sizga tilla taqinchoqlar sov-gʻa qilib turgan. Avvalgi tergovchiga shunday degansiz.
— Deganman. Tintuv qilib taqinchoqlarimni olib qoʻygansiz. Xohlasangiz davlatga topshirishim mumkin.
— Shaxsan men xohlamayman. Ularni oʻgʻirlamagansiz, sizga sovgʻa qilingan, oʻzingizga buyursin.

Zaripova «chin dildan, samimiy aytyapsizmi?» deganday unga savol nazari bilan qaradi. Keyin yana boshini quyi egib, avvalgi gapini takrorladi:
— Men boyliklariga uchmaganman.

Ikki marta turmush qurib, ikki marta ogʻzi kuygan, ishxonadagilari, qoʻshnilari «halol, pokiza», deb ta’rif bergan ayolning bu gapiga Zohid shubha qilmadi. Agar kun ora boʻlmasa-da, hafta yoki oy oralab oʻynashlarini almashtirib turganida buni qoʻshnilar sezishar va bu voqeadan soʻng «asli buzuq edi», deb ta’rifini oʻn chandon oshirib bayon etib berishardi. Bir ayolni, ayniqsa yolgʻiz bevani qoʻshni ayollar buzuqlikda ayblashmadimi, demak, u chindan pokiza ekan. Beva ayol, ayniqsa chiroyli juvonning har bir qadami, har bir soʻzi, har bir kulgusi qoʻshni xotinlarning ziyrak nigohi ta’qibida boʻladi. Qoʻshni xotinlarning har biri erini undan qizgʻanadi. Agar tanish erkaklar, Zaripova aytganday, toʻgʻri ma’noda tez-tez kelib turishsa ham u allaqachon yomonotliqqa chiqib boʻlardi. Xotinlarning bu qiliqlari ma’lumligi uchun Zohid «Zaripova Mirkarimovning oʻynashi», degan yozuvini qora toʻrtburchak chiziq orasiga olib qoʻygan edi. Shu bois ham «uyingizdagi begona erkakni ayting», deb qiyin-qistovga olmadi. «Agar mening samimiyatimga ishonsa, ertami-kechmi, oʻzi aytadi», degan ishonch bilan boshqa narsalarni soʻrayotgan edi.
— «Bunaqa erkak kimga kerak?» deganimda faqat sizni nazarda tutganim yoʻq. Mirkarimov «ayollarga mening boyligim kerak, pulsiz erkakning kimga keragi bor?» deb oʻylagan boʻlishi mumkinmi?

Bu savolni eshitib, Zaripova «Voy Xudoyim-ey», deb xoʻrsinib qoʻydi. Keyin boshini koʻtarmagan tarzda, xuddi oʻziga-oʻzi gapirayotganday dedi:
— Nima uchun hamma narsani boylik bilan oʻlchaymiz? Boylikdan boshqa oʻlchov yoʻqmi bu dunyoda? Bir sidra kiyim-kechak, kunlik yeyish uchun bir burda noni bilan odamning baxtli boʻlishi mumkinmasmi? Boʻyni tilla zanjir koʻrmagan ayollar baxtsizmi? Qoʻsha-qoʻsha tilla bilakuzuk taqib yurganlarning hammasi baxtlimi?

Zaripova yana xoʻrsinib, jimib qoldi. Uning xasratli gaplari Zohidga ma’qul kelgani bilan suhbatni bu mavzuda davom ettirishni istamadi. Boshqa joyda, ayblanuvchi va ayblovchi martabasida emas, ikki ozod inson sifatida koʻrishishganida balki hayot falsafasi xususida uzoq suhbatlashgan, ayolning ma’noli fikr-laridan bahra olgan boʻlardi. Alhol... ayol tutqun. Uning dardli falsafasi ham tutqun.

Bunday paytlarda tergovchi — Zohid bilan inson — Zohid oʻrtasidan farq chizigʻi oʻtishi natijasida inson — Zohid qalbida uygʻongan mehr-shafqat yoʻli toʻsilib, u rasmiy muomala qiluvchi, qonunning qattiqqoʻl himoyachisiga aylanishga majbur boʻlardi. Oʻzidagi ikki xil bu koʻrinishdan qiynalib ustoziga noliganida mayor Soliev «Kasbimizning eng nozik tomoni ham shu. Jinoyatchining oh-vohiga quloq solib, rahming kelsa, unga shafqat koʻzi bilan qarasang undan jabr koʻrgan odamga xiyonat qilgan boʻlasan», degan edi.

Zohid «Zaripova yana gapirarmikin?», degan xayolda sabr qildi. Ayol bosh egib jim oʻtiravergach, soʻroqni davom ettirdi:
— Siz Oysanam Erkaevani tanisangiz kerak. U bilan hech roʻpara kelganmisiz?

Bu savoldan keyin Zaripova boshini koʻtardi:
— Roʻpara kelib, er talashib, yulishganmisizlar, demoqchimisiz? Yoʻq, bunaqa boʻlmagan. Men Mavlon akaning birinchi xotinlari bilan koʻrishib turardim.

Bunisi Zohid uchun yangilik boʻldi. Sobiq xotin bilan xotin boʻlish orzusidagi ayol orasida qanday yaqinlik boʻlishi mumkin? Sobiq va boʻlajak xotinlarning Oysanam Erkaevaga qarshi ittifoqimi bu? Zohid xayoliga kelgan bu savolni tiliga koʻchirmay, boshqacharoq qilib soʻradi:
— Qanaqasiga?
— Men oldingi tergovchiga aytganman, Mavlon akaning katta qizlari bizda oʻqirdi. Anavi qogʻozlaringizga yozilmabdimi? Mavlon aka bilan shu qiz oʻqishga kirayotganida tanishganmiz. Ajrashib ketgan boʻlsalar ham bolalaridan xabar olib turardilar.
— Buni Erkaeva bilarmidi?
— Bilmasa kerak.
— Bilsa... gʻayirligi kelarmidi, janjal koʻtararmidi?
— Buni oʻzidan soʻraysiz.
— Birinchi xotin... albatta alamzada boʻladi, kundoshi haqida nima derdi?
— Biz gʻiybat qiladigan darajada yaqin emasdik. Keyin... u xotindan shubha qilmang, iltimos. U farishtadek sabrli, pokiza ayol. Ochigʻini aytsam, shunday xotinni xoʻrlagani uchun Mavlon akadan ba’zan nafratlanib ketardim. «Seni yaxshi koʻraman», deganlariga ishongim kelmay qolardi. Agar yaxshi koʻrish kerak boʻlsa, erkak odam «uyim-joyim, erim-bolam», deydigan oʻshanaqa xotinni yaxshi koʻrishi kerak.
— Erkaeva «uyim-joyim» demasmidi?
— Bilmayman.
— Balki eriga kundoshidan koʻra mehribonroq boʻlgandir?
— Bilmadim.
— Mirkarimov xotini haqida hech gapirmasmidi? Masalan, Erkaeva bir nima bahonasida janjal qilsa, siqilib, sizga yorilgandir?
— U kishi hasrat qiladigan erkaklardan emas edilar.
— Erkaeva erining siz bilan uchrashib turishini bila turib indamagan, deb oʻylaysizmi?
— Buni ham oʻzidan soʻraysiz.
— Mirkarimovning haydovchisi Erkaevaga kim boʻlardi, bilarmidingiz?
— Ha.
— Singlisini boshlab kelib, gʻavgʻo koʻtarar, deb choʻchimasmidingiz?
— Yoʻq.
— Nima uchun?
— U yigit oʻlgur qaynogʻa emas, malay edi. Malayning ahvolini oʻzingiz bilarsiz.
— Har xolda singlisining taqdiriga befarq qaramagandir?
— Befarq qaramagani aniq. Kallasi baloday ishlaydi uning. Gʻavgʻo koʻtarilsa singlisiga qiyin boʻlishiga aqli yetardi.
— Singlisiga... nega qiyin boʻladi?

Zaripova «shunga aqlingiz yetmayaptimi yo meni laqillatib oʻtiribsizmi?» deganday Zohidga tikilib qaradi. Zohid Oysanam Erkaevaga nima uchun qiyin boʻlishini taxmin qilayotgan boʻlsa-da, chin sababini roʻparasidagi mahkuma ayoldan eshitishni istadi.
— Agar gʻalva qilsa, singlisi boy erdan, oʻzi ham boy kuyovdan, ham ishdan ajralib, quruq qolishi mumkin edi.
— Siz Mirkarimovning yaqin tanishlarini bilarmidingiz?
— Yoʻq.
— Hech gapirmasmidilar?
— «Kimlardan norozi boʻlib gapirgan?» deb soʻramoqchimisiz? Oldingi tergovchi ham soʻragan buni. Javobini aytganman: Mavlon akaning noliydigan odatlari yoʻq edi.

Zohid stol ustidagi qogʻozga soʻroqqa berilgan javoblarning mazmunini yozgunicha Zaripova uning barmoqlaridan moʻ’jiza kutganday tikilib oʻtirdi. U yozuv nihoyasiga yetishi bilan soʻroq ham tugaydi, yana qamoqdagi joyimga qaytaman, deb oʻylab yanglishdi. Zohid yozuvni tugatgach, unga tikildi. Ana shunda Zaripova kutgan moʻ’jiza yuz bermadi, balki kutilmagan savol eshitildi:
— Noil Zaripov ukangizmi?
— Ha... — Zaripova «Yigit oʻlgurning fisqu-fasodiga ishondingizmi? Endi ukamdan ham shubha qilyapsizmi? Uni ham qamadingizmi yo endi olib kelasizmi?» degan savol nazari bilan tergovchiga qaradi.
— Mirkarimovning qoʻlida ishlagan ekan. Mirkarimov uni nima uchun boʻshatib yubordi?
— Bilmayman, men ularning ishlarini tushunmayman.
— Balki biron qingʻir ish qilib qoʻyib, Mirkarimovning jahlini chiqargandir?
— Beton zavodida qanaqa qingʻir ish boʻlishi mumkin?

Bu javobni eshitgan Zohid miyigʻida kulib, stol ustini chertib qoʻydi.
— Mantiqdan yaxshi oʻqibsiz-u, hisobdan qoqilgan ekansiz-da, a? Axir qingʻir ish qilmasa Mirkarimov shunchalik boyirmidi? Ukangiz ham yomon yashamagandir?
— Bu ishlarga rostdanam aqlim yetmaydi. Ukam adashgan boʻlishi mumkin, lekin qingʻir ish qilmaydi. Dadam bunga yoʻl qoʻymaydilar.
— Dadangiz uyda toʻgʻrilik haqida nasihat qilib oʻtirsalar ehtimol. Lekin uydan to zavodga yetib borilgunicha bu nasihatlar tushib qoladi. Dadangiz «oʻgʻlim, «nol yetti jiguli»ni qaysi pulga olding» deb hech soʻramaganmilar? Siz-chi? Siz soʻraganmisiz?
— Men uning topar-tutariga qiziqmaganman.
— Nega qiziqmaysiz? Mirkarimov ukangizni koʻchadan topib kelib, daromadli oʻrniga oʻtqazib qoʻymagandir? Biologiya oʻqituvchisini hamma ham beton zavodiga joylamas, a? Har holda orada sizning iltimosingiz ham boʻlgandir? Shu yerga kelganda mantiq yopishmay qolyapti, Zaripova.

Ayol bir narsani izlaganday koʻzlarini javdiratib, panjarali darchaga qaradi. Uni siqindilikdan qutqaruvchi najot aynan shu darchadan oqib keladiganday bir necha nafas tikildi.
— Zaripova, Mirkarimov bilan xotini haqida gaplashmagan ekansizlar, doʻst-dushmanlarini ham tilga olmagani haqiqatdir. Ukangiz haqida ham gaplashmaganmisizlar?
— Balki... gaplashgandirmiz... umumiy gaplar...
— Ukangizni ishdan boʻshatgandan ham indamaganmidi? «Ukang beton plitalarini sotayotganida ikki marta qoʻlga tushdi, falon ming berib qutqarib oldim, endi bu yogʻiga chidash qiyin», ham demaganmidi?
— Siz yigit oʻlgur Eshpoʻlatovning gaplariga ishonib shunday deyapsizmi?
— Biz Eshpoʻlatovning gapiga emas, dalillarga ishonamiz. Bu dalillarni qaerdan olganimni sizga aytib oʻtirmayman. — Zohid «bu ish boʻyicha militsiyadagi oʻrtoqlar shugʻullanishyapti, Mirkarimovdan pora olib, ukangizni qoʻyib yuborgan OBXSS vakili hozir soʻroq beryapti», demasa ham Zaripova ukasining ahvoli yaxshi emasligini anglab bir titrab oldi. «Ukamni ishga oling» deb iltimos qilgan tillarini chaynab tashlagisi keldi. Ukasi koʻp qatori maoshiga qanoat qilib yashab yuruvdi. Kelini ham yetishmovchiliklardan koʻp qatori nolib, gʻashlanib, ba’zan gʻalva koʻtarsa-da, oxir-oqibat qanoatga bandi boʻlib yashayatuvdi. Ikki yil avvalmikin, er-xotinning gʻalvasi ustidan chiqqan Zaripova ukasiga rahmi kelib, uning puldor odamga aylanib qolishini istab qolgan edi. U paytda ozod edi. Boylikning totli nafasidan mast edi. Endi mahkuma holatida oʻsha totli kunlarini la’natlaydi.
— Mirkarimov yoʻqolgan kuni uyingizda ukangiz bilan birga emasmidingiz?

Bu savol yashin kabi urilib, Zaripovaning vujudini parchalab, koʻmirga aylantirib yuborganday boʻldi. U tergovchining qay tomonga burilganini aniq fahm etdi: «Oʻsha kuni ukang ikkoving oʻldirgansanlar, demoqchimi? Ukang ishdan haydalgani uchun alamdan oʻldirgan, deb ayb qoʻymoqchimi?..»
— Ukam yoʻq edi... Ukam menikiga kam kelardi. Umuman... Mavlon aka uni ishdan boʻshatib, koʻchaga tashlab qoʻyganlari yoʻq.
— Bilaman, kooperativ limonad tsexiga joylaganlar. Biologiya oʻqituvchisi uchun beton zavodidan koʻra shunisi tuzuk. Ukangizning yangi xoʻjayinini bilarmidingiz?
— Yoʻq.
— Mahmud Ehsonov degan odam. Xudo rahmat qilsin uni.
— Oʻlibdimi?
— Oʻldirib ketishibdi, — Zohid «nahot bu yangilik panjaraning u tomonida qolib ketgan boʻlsa, nahot bu ayol eshitmagan?» degan xayolga unga sinovchan tikildi.

Zaripova «Voy bechora, Xudo rahmat qilsin», deb pichirlab, titray boshlagan barmoqlariga tikildi. «Buni nega menga aytyapti? «Oʻldirib ketishibdi...» Ukamning bunga nima aloqasi bor?»

Zohid bu xabarni aytish bilan soʻroqni yakunladi. «Keyingi soʻroqqa qadar bu ayol koʻp narsani oʻylaydi, aytgisi kelmayotgan gaplarni endi aytadi.» — Shu fikrda ayolning izidan qarab qolgan Zohid garchi undan biron yangi gap eshitmagan boʻlsa-da, soʻroqdan koʻngli toʻlib qaytdi.

XVI bob

1

Asadbek oʻgʻli Abdusamad bilan tong qorongʻusida yoʻlga chiqib, Kozlovning oilasidan xabar olib qaytganda maydalab yomgʻir yogʻayotgan edi. Abdusamad mashinani darvozaga toʻgʻrilab toʻxtatishi bilan qoʻshni eshik ochilib, Qamariddin chiqib keldi-da, Asadbek bilan koʻrishib, uyiga taklif qildi:
— Bir piyola choyimiz bor edi, — dedi u iltijoli ohangda.

Asadbekning bu kunga moʻljallagan ishlari koʻp edi, shu sababli iltimosni rad etdi. Qamariddin yana bir yalingach, «atay kutayotgan ekan, gapi zarurdir», degan fikrda unga ergashdi. Chol-kampirga moʻljallangan xonadonga dasturxon usti shoxona boʻlmasa-da, qoʻl uchida kun koʻruvchi xonadonga xos ravishda tuzalgan edi. Shoshib kirib, shoshib chiqib ketish mensimaslik alomati sifatida qabul qilinajagini bilgan Asadbek hurmati uchun sindirilgan patirdan bir chimdim ushatib oldi. Achchiq choydan uch-toʻrt hoʻplagach, vaqti ziq ekanini pisanda qildi. Ana shunda Qamariddin ozgina hijolat, undan sal koʻproq qoʻrqish holatida chaqiruvdan maqsadini bayon qildi.
— Qoʻshni boʻlganimizdan beri sizdan koʻp yaxshiliklar koʻrdik, baraka toping, ota-onangizni Xudo rahmat qilsin, jannatlardan joy bersin, — Qamariddin gapni duo bilan boshladi-yu, maqsadga yaqinlashganda tilning aylanishi qiyinlashdi.
— Qamar aka, nima gapingiz boʻlsa aytavering, orada hijolatlik yoʻq,— deb Asadbek unga dalda berdi.
— U kungi gaplarni maslahat qiluvdik. Maslahat shu boʻldiki... hovli-joyni sotish zarurati bor ekan. Oʻgʻlimning ham avtobazadan boʻshagisi yoʻq, bir nima deyishga hayronman, boshim qotib qoldi. Qariganda ota-bolaning gapi toʻgʻri kelmasa qiyin ekan, — Qamariddin shunday deb ogʻir dard azobida toʻlgʻanayotgan odam kabi xoʻrsinib qoʻydi.

Asadbek qoʻshnisining bunday be’mani xulosaga kelishini sira kutmagan edi. Shu paytga qadar undan marhamat koʻrganlar hamisha ta’zimda boʻlganlar. «Oʻla-oʻlgunimcha qulingizman», deydiganlar ham uchrab turardi. Asadbek ularning qulliklariga muhtoj boʻlmasa-da, ana shunday minnatdorchiliklarga oʻrganib qolgan edi. Qilajak yaxshiligi uchun bu qoʻshnisidan qullikni talab qilmovdi.

Xoʻrsinib, qarashga botinolmay boshini xam qilgan Qamariddinga tikilgan Asadbekning qoni qaynadi: «Bu gaplar oʻzining kallasidan chiqdimi yo biron ahmoqdan aql oʻrgandimi? Bundaqalarga yaxshilik qilaman, deganning oʻzi ahmoq. Battar boʻl!» — Asadbek shu gʻazab bilan oʻrnidan turib ketmoqchi boʻldi-yu, gʻarib holida oʻtirgan qoʻshnisiga rahmi kelib, oʻzini oʻzi bosdi. Bu safar rahm gʻazabni yengib, bosiq va mehrli ovozda dedi:
— Bu bollar siz koʻrgan qiyinchilik-azoblarni koʻrishmagan. Shuning uchun uyni sotish — ogʻizlarining bir chekkasidan chiqib ketaveradi. Siz oʻzingizni siqmang. Men «soting», desamu siz «yoʻq» desangiz hijolat boʻlsangiz yarashardi. Koʻngilga qarab ishingizni qilavering. Oʻgʻlingiz ham istaganidan qolmasin. Siz bilan biz yaxshi qoʻshni edik. Xudo xohlasa yaqinligimiz uzilmaydi. Men uy masalasida bir-ikki odamga tayinlab qoʻyganman. Chaqirib «navbatingiz keldi», desa ajablanmay, tortinmay olavering.
— Rahmat, baraka toping.
— Bu mening xizmatim emas, uy olishga xappai-halol haqqingiz bor. Siz «uy sotiladi», deb ovoza qilavering.
— Siz... olmaysizmi?
— Ovoza qilaveringchi, odamlar kelib koʻrishsin, baholashsin. Oxirgi qarorga kelishingizdan oldin menga xabar berarsiz.

Asadbek «maslahat yakuniga yetdi, qani, duo qiling», degan ma’noda qoʻllarini fotihaga ochdi.

Asadbekning qaytishini kutib nonushta qilishmagan ekan. Barchalarining jam boʻlib oʻtirishlari, ayniqsa Abduhamidning tetiklashib, ishtahaga kirayotganidan Asadbekning koʻngli ravshanlashdi. Dasturxon atrofida toʻyga taalluqli ayrim gaplarni ham gaplashib olishdi.

Kelinlar dasturxonni yigʻishtirishayotganda Asadbek ikki kunga Tblisiga borib kelajagini ma’lum qilib, Manzurani hayron qoldirdi.
— Voy oʻlmasam, — dedi Manzura hayratini yashirmay. — Toʻyni oʻtqazib, keyin bora qolmaysizmi?
— Sulikoning bobosini borib aytmasam boʻlmaydi. Toʻyning tashvishini qilmay qoʻyaver, hammasi tayyor. Samad bilan billalashib toʻyga aytib chiqsang boʻldi. Hamidga ish buyurma, damini olsin. Oʻzing hadeb u-bu deb tashvishlanaverma. Meniyam yuragimni siqaverma. Toʻy bir kunda oʻtib ketadigan narsa. Oʻzimizning toʻyimiz esingdami? ZAGSga yangang bilan birga tramvayda kelgan eding. Taksida kuzatib qoʻyganimga hayron boʻluvdilaring.

Eslamay boʻladimi? Ayniqsa kelinposhshaning taksida qaytishi qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ orasida gap-soʻz boʻluvdi. Birovlar «taksida kuztgan boʻlsa, kuyovning topar-tutari yaxshi ekan», deb ozgina gʻayirlik ham qilishgan edi. Kuyovning topar-tutari nimadan iborat ekanini u paytda hech kim bilmasdi...
— Bitta sandiq, toʻrtta koʻrpa bilan kelin boʻlib tushuvding. Mebeling yoʻq ekan, deb haydaganim yoʻq- ku? — dedi Asadbek tegishib.
— Voy, adasi u paytda mebel degan narsa yoʻq edi,— dedi Manzura oʻzini oqlab. Uning soddaligidan Asadbek kuldi.
— Shuni aytaman-da. Mebel-gilamsiz ham toʻylar boʻlardi, kelin-kuyovlar rohatlanib yashashardi. Endi taraq-turuqlar koʻpayib ketdi. Qoʻyib bersang ertaga kelin-bilan kuyovni filga oʻtkazib ZAGSga olib borish kerak, degan gap chiqarishadi. Bu ham bir oliftagarchilik-da.
— Ming urinsangiz ham odamlar toʻydan bir kamchilik topib gap qilishadi.
— Shuni bilarkansan, hadeb tirishaverma. Dabdabani oʻylama.

Asadbek shunday degach, telefon goʻshagini koʻtarib, raqamlarni terdi. Erining bu harakatidan «qarorimni muhokama qilishning hojati yoʻq», degan ma’noni uqqan Manzura sekin oʻrnidan turdi.

Telefonda Boʻtqaning ovozini tanigan Asadbek salom-alik qilmayoq buyurdi:
— Bugun Tblisiga uchaman, tayyorgarlik koʻrib qoʻy.

Boʻtqa «tayyorgarlik koʻrish»ni oʻzicha tushunib:
— Men ham birga boramanmi? — deb soʻradi.
— Senga nima bor? — dedi Asadbek qoʻrslik bilan.— Sen hozir aeroportga bor.

Asadbek bu ishni Jamshidga topshirsa ham boʻlardi. Yoki hech kimga indamay yoʻlga otlanishi ham mumkin edi. Uning aynan Boʻtqaga vazifa topshirishi bejiz emasdi. Asadbek undan gumonsiramas, lekin Kesakpolvon surishtirguday boʻlsa gap yashirolmasligini aniq bilardi. Boʻtqa Asadbekni yoqtirmagani yoki unga nisbatan hiyonati uchun emas, xojalariga sadoqati tufayli ham shunday qilardi. Agar Boʻtqa biron masalada Kesakpolvonga hisob berib boʻlgach, Asadbek tomonidan soʻroqqa tutilsa, yangi xoʻjayini haqida bilganlarini yashirmay aytishi aniq edi. Bu odatini u «gap tashish» deb emas, xojalariga xolis xizmat qilish deb bilardi. Asadbek uning aynan shu odatidan foydalanish uchun vazifa topshirib turardi.

Hovlida Jamshidning ovozi eshitilib, Asadbek deraza orqali tashqariga qaradi. Yomgʻir tinib, parcha-parcha bulutlar yorugʻidan quyosh koʻrinayotgan edi. Shiypon zinasi yonida kelinayalari bilan suhbatlashib turgan Zaynab darvozaxonada turib ovoz bergan Jamshidni koʻrdi-yu, gapirayotgan gapini ham chala qoldirib, oshxonaga yoʻnaldi. Bundan ajablangan kelinlar ovoz kelgan tomonga qarab, Jamshidga salom berdilaru gap nimadaligini bilmasalar-da, Zaynabga ergashdilar.

Bu holatni deraza orqali kuzatib turgan Asadbekning koʻngliga sovuqlik oraladi. Ayollar oshxonaga oʻtib, hovli boʻshagan boʻlsa ham Jamshid ichkari tomon dalil yurib kelmadi. Uydan shoshilib chiqqan Abdusamad qarshilagandan keyingina unga ergashib, Asadbek oʻtirgan xonaga kirdi. Xojasi bilan koʻrishdi-yu, «oʻtir» degan taklifga javoban:
— Koʻchada Samatoxun aka turibdilar, — dedi.
— Boshlab kiravermadingmi?
— Unamadilar. «Bek akamiz uydamilar, avval bilib chiq», deb ajablanib turibdilar.
— Nega ajablanadi?
— «Ilgarilari yigitlar kutib olishardi, endi nega hech kim yoʻq», deydilar.
— Boʻpti, bor, chaqir.

Bashang kiyingan Samatoxun hovliga kirib ham bir narsadan choʻchiganday atrofga olazarak qarab oldi. Ichkariga kirib tavoze bilan koʻrishgach, Asadbek koʻrsatgan joyga oʻtirib, uzoq duo qildi. Shundan soʻng gapni nimadan boshlashni bilmay oʻtirganida Asadbek boloxonada oʻtiruvchi yigitlarga javob berib yuborganining sababini aytdi. Bu gap Samatoxunning qulogʻiga yetgan, ammo ishonmagan edi. Sababni Asadbekning oʻzidan eshitib, «durust boʻlibdi», deb qoʻya qoldi. Bu orada Abdusamad choynak koʻtarib kirib poygakka, Jamshidning yoniga oʻtirdi.
— Kuyov bola, toʻylar qutlugʻ boʻlsin, — dedi Samat-oxun unga qarab, soʻng choʻntagidan ikkita quticha chiqarib uzatdi: — Xudoyim ota yurtimga borishni nasib qilgan edi. Oʻsha yerdagi zargarlik doʻkoniga kirib tillo isirgʻalarga hushim ketdi. Qizlarimga, kelinimga atab olib tashqari chiqdimu koʻnglim boʻlmay yana qaytdim. «Baxti kulganlarga nasib etar», degan umidda yana ikki juftini oldim. Uyga qaytib suyunchli xabarni eshitdimu qanot chiqarib siz tomon uchdim. Xudoning koʻnglimga solganini qarang, shu kunlarda toʻy qilishingiz menga noma’lum edi. Ayniqsa birdaniga ikki kelin tushirishingizni qarang! Shu isirgʻalarning egasi, baxti kulgan qizlar sizning kelinlaringiz ekan. Olloh muborak qilsin.

Samatoxunning duosidan soʻng Jamshid bilan Abdusamad oʻrinlaridan turib, tashqariga chiqishdi.
— Ha, oxun, mashqingiz sal pastroqmi? — dedi Asadbek, holi qolishgach,
— Mashqim joyida, Bek aka... — Samatoxun Asadbekning sinchkov nigohiga dosh berolmay dasturxon ustidagi piyolaga tikildi, — asli maqsad muborak boʻlsin, deb ketish edi. Bir gap bor-u, hozir oʻrni emas, toʻydan keyin bafurja gaplasharmiz.
— Gapiravering, toʻy oʻtguncha qiynalib yurasizmi.
— Unchalik muhim gapmas edi...
— Chaynalmang, sizga dadil gapirish yarashadi.
— Gap shuki... balki bizlarga notoʻgʻri xabar yetgandir... Siz Haydarjonga vakolatni sal kattaroq berib yuborganmishsizmi?
— Ha, shunga yaqin gap boʻldi. Kasallik meni ancha toldirib qoʻydi. Haydar begona odam emas, tashvishlanmang.
— Shunaqa deysiz-u, begonadan oʻzingniki yomon chaqadi.
— Siz chaqdirib yurmang-da. Uni bugun koʻrib turibsizmi, qiliqlarini bilasiz-ku?
— Qiliqlarini bilganim uchun sizga yorilyapman. Asli... sizning ishingizga aralashishi noma’qul. Lekin... birodarlar bilan bamaslahat iltimos qilishni lozim topdik. Biz bu shaharda sizdan boshqa odamni tanimaymiz. Tanishni istamaymiz.

Asadbek javobga shoshilmadi. Kulimsirab qoʻyib, choydan hoʻpladi.
— Choydan iching, oxun, sizni bu ahvolda koʻrgan odam Asadbekning janozasida oʻtiribdimi, deb oʻylaydi.
— Hay, hay! Sovuq nafas qilmang, Bek aka.
— Arzimagan pashshaday gap sizlarga filday vahimali boʻlib yetib borganga oʻxshaydi. Men Haydarni hammalaringga boshliq qilib qoʻyib, oʻzim qochvorganim yoʻq. Agar u yoq-bu yoqqa toyadigan boʻlsa, toʻgʻirlab qoʻyishga kuchim yetadi.
— Shunday boʻlgani durust. Bek aka, yana bir uzrli iltimos bor.
— Soʻrayvering, bugun astoydil soʻrongʻich boʻlib kelganga oʻxshaysiz, — dedi Asadbek hazil ohangda.
— Iltimos shuki, — dedi Samatoxun jilmayib qoʻyib, — toʻyda dasturxon bezashni, yemoq-ichmoqni bizga yuklasangiz.
— Yaxshi-ku, — dedi Asadbek kulib. — Unda «men toʻy qildim!» deb kerilmasam ham boʻlaverarkan.
— Unaqa emas, Bek aka, ixlosimizning xolisligini bilasiz-ku?
— Bilaman. Ming rahmat sizga, oxun, birodarlaringizga ham rahmat.
— Qizchangizning toʻyida shunaqa niyat qilganimizda «bu yoqda oʻgʻillarning toʻyi bor», deb qaytargan edingiz.
— Oxun, niyatingiz yaxshi-ku... lekin topganimni toʻyga ishlatmasam yana nimaga sarf qilaman. Hammasi bu qoringa sigʻmaydi-ku?

Samatoxun uchun shu gapning oʻzi kifoya qilib, uzr soʻradi-da, duo qilib oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Asadbek shu paytgacha qilmagan ishini qilib, uni koʻchaga qadar kuzatib chiqmoqchi ham boʻldi. Keyin «Bek akamiz otdan ham, egardan ham tushib, oʻzimiz qatori boʻlib qolibdilar», degan xayolga bormasin, deb uy ostonasida xayr-lashib qoʻya qoldi.

2

Videobar niqobidagi idoraga qahva soʻrab kirgan yigitning gaplari Boʻtqaga almoyi-aljoyi tuyuldi. Asadbek esa undan Kozlovning Tomskda ekanini, erta-indin yetib borishi zarurligini uqib oldi. Suratlardan birining ortidagi belgidan bildiki, uni shu uyda kutishadi. Birdaniga Tomskka otlanishi Kesakpolvonni, u orqali Xongireyning tinchini olishi shubhasiz, oqibatda kavlab-kavlab Kozlovning iziga tushishlariga imkon yaralishi mumkin edi. Shuning uchun ham Sulikoning bobosini toʻyga taklif etish bahonasida Tblisiga otlandi. Moskvaga qoʻngʻiroq qilib maqsadini Ilikoga bildirgan edi, u ham Tblisiga kelib turishini aytdi. Tblisida kutib olajagini aytdi.

Samatoxun ketgach, Asadbek oʻylab qoʻygan rejasi boʻyicha Kesakpolvonning uyiga qoʻngʻiroq qildi. Ilgarilari a’yonida gapi boʻlsa shotirlaridan biriga «Haydar akangni top», derdi vassalom. Hech qachon uning uyiga qoʻngʻiroq qilmas edi. Shu sababli goʻshakni koʻtargan Kesakpolvonning xotini avvaliga uni tanimadi, keyin «Voy Bek aka, sizmidingiz?» deb ajablandi, soʻngroq esa «oʻzlari telpon qilyaptilar-a, tinchlikmikin?» deb havotirlandi. Asadbek uning salomiga alik olgach, Kesakpolvonning bunaqa paytda uyida oʻtirmasligini bilsa ham:
— Ering uydami? — deb soʻradi.
— Voy, yoʻgʻidilar-a, — dedi xotin achinish bilan.
— Telpon qilib qolsa, yo kelsa aytib qoʻy, men bir joyga ketadigan boʻlib qoldim. Uydan xabar olib tursin, senam kelib opangga qarashgin. Toʻy yaqinlashib qoldi-yu, qorangni koʻrsatmaysanam. Sendaqa singilni bobovlarga berib yuborish kerak, — Asadbek bu gaplarni mehribon akaning ginali ohangida aytdi. Bu bilan sobiq a’yonining oilasiga qadrdonligi saqlanganini bildirib qoʻymoqchi edi. Uning rejasi juda sodda boʻlishiga qaramay, amalga oshishi ishonchli edi. Ya’ni, mehribonlik bilan aytilgan gaplar xotinga moydek yoqib, eriydi. Bu mehribonlikni ikki-uch karra boʻrttirib eriga ta’riflaydi. Sergak dushmandan koʻra gʻaflatdagisini ma’qul koʻruvchi Asadbekka bu ham kerak.

Bir ozdan soʻng Jamshidni chaqirib, safarga ketayotganini bildirdi.
— Bir oʻzingizmi yo Rasul bilanmi? — ajablanib soʻradi Jamshid.
— Boʻtqa kuzatib qoʻyadi. Sen uydagi ishlarga qarash, ziyrak boʻlgin.
— Yolgʻiz bormasangiz boʻlardi.
— Tbilisida Iliko kutib oladi, yolgʻiz emasman. Ha, aytmoqchi, sen Jalil akangga uchrashgin. Muhiddin akani olib kelinglar. Ota qadrdonimiz toʻyga bosh boʻlib tursinlar. Keyin Jalil akang bilan Samad borib Abdurahmon tabibni toʻyga aytib kelishsin. Toʻy kuni tabibga moshina yuboramiz.

Jamshid topshiriqlarni olayotganida mutelik holatida turdi. Biron narsani aniqlashtirish maqsadida qoʻshimcha savol bermadi. Asadbekka uning aynan shu fazilati yoqardi. Chuvrindi ham shunaqa edi. Hozir Jamshidga qarab a’yonini esladi-yu, yuragi bir oʻrtandi. Ayni damda Jamshidning oʻychan boqishlari Chuvrindining qarashlariga juda-juda oʻxshashligini kashf etdi. Nazarida a’yoni bu dunyodan barvaqat ketarini bilib, yaxshi fazilatlarini unga singdirganday edi. Balki... oʻshanda «mendan keyin Bek akamga xizmat qiladi», deb oʻlimdan olib qoldimikin?..

Asadbek shularni xayolidan oʻtkazib, oʻzicha «Xudo asrayman, desa mendaqadan mingtasi daf qilsin, hech qanaqa balo urmaydi. Xudo mening rahmimni yeb buning jonini saqlab qolgan ekan. Buning joniga qoʻshib meni katta gunohdan ham asrabdi...» deb qoʻydi.
— Oʻtir, nimaga tikka turibsan? — dedi Asadbek, mehribonlik bilan.
— Agar xizmat boʻlmasa, bora qolsam... Qozi bilan uchrashadigan va’dam bor edi.
— Qozi bilan ancha chiqishib qoldilaringmi?
— Eski qadrdonlarmiz-ku?
— Qanaqasiga?
— Birga oʻtirganmiz.
— Esimda yoʻq ekan. Haydar akang topgan mayda oʻgʻrilardan, deb yurarkanman. Nimaga qamalgan?
— Oʻzining aytishicha, hazillashib turib, oʻrtogʻini suvga itarib yuborgan ekan. Men chiqadigan paytimda bitta bolani hazillashib soʻyib qoʻyuvdi. Shunaqa hazillari bor. Uni Haydar akamga men roʻpara qiluvdim.
— Ehtiyot boʻl, yana senga ham hazil qilib qoʻymasin.
— Bek aka, Selim qaytib kelibdi.
— Kim deding? Selimmi? Fargʻonadagi anavi turk-mi? Nimaga qaytibdi? Hozir qaerda? Fargʻonadami?
— Yoʻq, shu yerda? Haydar akam bilan oldi-berdisi borga oʻxshaydi.
— Uning oldi-berdisi nimaligini bilasanmi?
— Sal-pal bilaman.
— Bilsang, uni nazardan qochirma. U oʻzicha qaytib kelolmasdi. Balki... Xongirey yuborgandir? — Asadbek savolni oʻrtaga tashladi-yu, Jamshiddan javob kutmay unga ijozat berdi: — Sen boraver, choyxonada Haydar akangni koʻrsang, ketayotganimni aytib qoʻy. Yana jazavaga tushib qolmasin.

Kesakpolvon bu paytda Asadbekning ketayotganini Boʻtqadan eshitib ulgurgan edi. U «nega menga aytmay ketyapti, toʻy qilayotgan odamga Tbilisida nima bor ekan? Mayli, indamay turay-chi, borsa borib kelsin», deb oʻzicha arazlaganday boʻldi. Lekin bu araz uzoqqa choʻzilmadi, indamay turolmadi. Ichini qiziqish oʻti kuydirib Asadbeknikiga oshiqdi. U darvozaxonada Jamshidga roʻpara kelib:
— Akaxoning uydami? — deb soʻradi.
— Uydalar, — dedi Jamshid.
— U yoq-bu yoqqa ketvormadimi?

Jamshid bu savol zamirida zahar yashiringanini fahmlab:
— Hozir sizga xabar bergani ketayotuvdim, — dedi.

Kesakpolvon Jamshidga oʻqrayib qarab, soʻkindi. Bu soʻkinish Kesakpolvon tilidan oʻzimizning soʻzlashuv tilimizga oʻgirilsa taxminan «Bu xabaringni endi bir narsaga qoʻshib pishirib ye!» degan «shirin» ma’no kelib chiqadi. Jamshid Haydar akasining tilini tarjimasiz ham yaxshi tushungani uchun «iltifotingiz uchun rahmat», deganday oʻng qoʻlini qorni ustiga qoʻyib joyida qotib turaverdi.

Kesakpolvon Asadbek oʻtirgan uyga kirib salomlashgach, toʻrdan, deraza tomondan joy oldi.
— Ha, bahay? — dedi u fotiha qilishni ham unutib. — Sayohatchi qurbaqaga oʻxshab joyingda oʻtirolmay qoldingmi?

Bu gap Asadbekka yoqmay, yuzi uchdi. Kesakpolvon ilgarilari ham shunga oʻxshash quyushqonga sigʻmaydigan gaplarni aytib turardi. Lekin unda Asadbek — xoʻja-yin, iltifot qilib Kesakpolvon — xizmatkorining bu qiligʻini kechirardi. Agar bu gap oʻsha damlarda aytilsa Asadbek «Atrofimda shilliqqurtlar gʻashimga tegdi, bir aylanib kelay», deganga oʻxshash ilmoqli javobni hayallatmasdi. Hozir bunday degisi kelmadi. Qurbaqaga oʻxshatilganidan ogʻrinsa-da, alamini ichiga yutib, Tbilisiga qanday maqsadda ketayotganini aytdi.
— Telegramma berib qoʻya qolmaysanmi? — dedi Kesakpolvon.
— Bilasan-ku, gruzinlar nozik boʻlishadi. Ayniqsa oqsoqol juda izzattalab. Zaynabning toʻyida xafa boʻlgan edi. Bu safar ham borib aytmasam «Oʻzbeklar oqibatsiz ekan», deb yuradi.
— Shunaqa darding bor ekan, oldin menga aytmaysanmi?
— Seni telefonda qidiraverib qoʻllarim qavarib ketdi-ku. Xotiningdan soʻrab koʻr-chi? Ta’bing juda nozik boʻlib ketibdimi, a?
— Gap unda emas, bir boʻtqa bilgan narsani men bilmay lallayib oʻtirsam alam qilarkan.
— Alam qilmasin, mayda-chuyda ishlarni senga aytmasam darrov jirillama.

Bu tanbehdan soʻng Kesakpolvonning hovuri sal bosildi. Boʻtqa kelgach, Asadbekning e’tiroziga qaramay kuzatgani chiqdi.

3

Tbilisida uchoqdan tushgan Asadbekni bu yerlarda «Anakonda» laqabi bilan dong taratgan Anzor kutib oldi.

Asadbek dastlab Gurjistonga kelganida Suliko uni oʻgʻrilar olamida tanila boshlagan doʻsti Anzor bilan tanishtirgan edi. U damlarda Asadbekka «oʻqilon» degan laqab berilmagan, Anzor esa «Anakonda» sifatida quloch yoymagan edi. Shunday boʻlsa-da, Asadbek otasini ming toʻqqiz yuz qirq toʻqqizinchi yilning soʻnggi kunida uydan olib chiqib ketganlardan birining izini Yerevandan topgach, hukmni ijro etishda aynan shu Anzor yordam bergan edi. Sulikoning xotinini qimorda yutib olgan bu oʻzbek yigitning mardligi Anzorni ham qoyil qoldirib, «Sen faxriy gruzinsan!» degan edi. Oʻshanda hayajon bilan aytib yuborilgan bu gap Asadbek uchun unvon boʻlib qoldi.

Zinadan tushib Anzor bilan quchoqlashib koʻrishayot-gan Asadbekning koʻzlari Ilikoni qidirdi. Buni sezgan Anzor «Iliko shu yerda», deb uni tinchlantirdi.

Ular uchoqdan yuz qadamcha narida turgan, oynaklari qoraytirilgan oq «Mersedes» tomon yurdilar. Mashina eshigi ochilgach, orqa oʻrindiqda oʻtirgan Iliko koʻrindi. «Bu ham oʻzining soyasidan qoʻrqib qolganmi?» Asadbek koʻnglidan shu gapni oʻtkazib, Ilikoning yonidan joy oldi.
— Bek ogʻa, tushib kutib olmaganim uchun ranjima. Bu atroflarda bizni birga koʻrmay turganlari ma’-qul, — dedi Iliko soʻrashib boʻlgach.

Anzor «Mersedes»ga oʻtirmadi. U orqadagi mashinada yetib boradimi yo Tbilisida qoladimi, Asadbek surishtirmadi.

To shahardan chiqqunlariga qadar ikkovlari uchun ham ahamiyatsiz boʻlgan gaplardan gaplashdilar. Odatda hamsafarlar jim ketmaslik uchun nimalarnidir gapirib ketadilar. Shu «nimalarnidir»ga ob-havoning oʻzgarishi ham, Kanadadagi avtobus halokati ham, Vezuviy vulqonining uygʻonishi ham kiradi. Bunaqa paytda «Tbilisidagi bozorda olma narxining oshishiga Vezuviy vulqonining nima dahli bor?» deb soʻrab oʻtirilmaydi. Asadbek bilan Ilikoning suhbatlari ham shunga oʻxshash boʻldi.

Togʻning ilon izi yoʻllaridan borishayotganda Iliko:
— Toʻyingni sal orqaga sursang boʻlardi, sening bahonangda men ham bobomning yonida qolib, ozgina dam olardim. Bobomga ancha dalda boʻlardik. Hozir unga qiyin, — dedi. Soʻng xoʻrsindi-da, qoʻshib qoʻydi: — Juda qiyin.
— Qolishning hech iloji yoʻq. Bugunoq Tomskka uchishim kerak, — dedi Asadbek.
— U yerda nima qilmoqchisan? — deb ajablandi Iliko.
— Kozlov oʻsha yerda emish.
— Tomskdami? — Iliko boshidagi novvotrang shlyapasini qoʻliga olib, xuddi changini qoqqanday bir-ikki chertib qoʻydi. — Oʻzim ham shunaqadir deb oʻylovdim. Demak, Balabuxaning yonida ekan-da?

Asadbek faqat Tomskni emas, balki uning atrofidagilarni ham bir soʻzi bilan yotqizib-turgʻizishga qodir Balabuxa degan odam borligini eshitgan, ammo oʻzini koʻrmagan edi. Uning ta’rifidagi gaplar mish-mishmi yoki haqiqat ekanini ham aniq bilmasdi. Kozlov bu kunlarda aynan uning panohidami yoki boshqa birovningmi — buni ham aniq aytolmasligi sababli:
— Bilmadim, balki yonidadir? — deb mujmal javob berdi.
— Ha, oʻsha yerda, — dedi Iliko ishonch bilan, — uni Balabuxadan boshqasi himoya qila olmaydi. Sulikoning oʻlimidan sal oldin Xongirey zoʻrlarning zoʻrini toʻplab, Shaxovskiydagi bogʻida ziyofat beruvdi. Shu ziyofat bahonasida Kozlov bilan sening oʻyindan chiqishingga ruxsat oldi. Balabuxa Kozlovni himoya qildi. Lekin «unga tegma!» deb qattiq talab qilmaganiga hayron boʻluvdim. Oʻzining bir rejasi bordir. Bilib qoʻy: ziyofatda hech kim sening yoningni olmadi. Men ham indamadim.
— Indaganingning foydasi boʻlarmidi? — dedi Asadbek. — U yerda asosan oʻgʻrilar yigʻilishgandir. Ular qimorvozlarni yomon koʻrishadi.
— Buni oʻzing toʻgʻri tushunasan. U yerda gap talashishning mutlaqo foydasi yoʻq edi. Biz ishimizni bilib qilaveramiz. Xongireyning taqdiri bitta — magʻlub boʻlish. Taqdiridagi oxirgi soʻzni biz yozamiz. Ishonching komil boʻlaversin.
— Sulikoning oʻlimida uning qoʻli borligi isbotlandimi?
— Menga isbot kerak emas. Men oʻzim ishonaman, shuning oʻzi yetarli. Xongirey «qimorbozlarga tegmayman», deb soʻz bergan edi. U kavkazlik erkak emas, allaqayoqlik qanjiq! U va’dasini buzdi — Tinyan qimorbozni bosibdi. Tinyan qimorbozning Suliko bilan sherikchiligi bor edi. Xongirey buni bilardi. Bilib turib atay bosgan. Mening gʻashimga tegmoqchi boʻlgan. Suliko esa mendan avvalroq uni koʻpchilikning orasida qattiq soʻkkan. Sulikoni xuddi oʻsha kechasi oʻldirib ketishgan. Senga yana qanday isbot kerak?
— Iliko... — Asadbek aytar soʻzlarini yana bir oʻylab olgach, gap boshladi: — Ikkoving ham Moskva uchun begona odamsanlar. Bir-biringga tish qayrasalaring slavyanlar senlarni chaynamay yutishadi.
— Bu sening gaping emas, Bek. Bu — Xongireyning falsafasi. Menga ham aytgan buni. Bunda ikkita xatolik bor: Xongirey hech qachon menga el boʻlmaydi. Uning tili boshqa, qalbi boshqa. Gruzinlar bunaqalarni odam oʻrnida koʻrmaydi. Ikkinchi xato: Men Moskvaga begona emasman, xoʻjayinman. Men nima istasam shu boʻladi. Ruslar Kavkazni urush bilan olishgan edi, biz uning poytaxtiga urushsiz ega chiqqanmiz. Shuning uchun sen bizning taqdirimizdan tashvishlanma.

Moskvadagi uchrashuvlarida ham Iliko Xongirey bilan hisob-kitob qilajagini aytgan edi. Hozir ham takrorladi. Asadbek bu gapdan keyin oʻzini koʻchada kaltak yeb akasiga arz qilib kelgan mishiqi bola holatida koʻrib, gʻashlandi. Chunki u Xongirey «chetga chiq» degani bilan bir zumdayoq tobega aylanib qolmagan, fursati kelishini kutib ozgina chekingan edi xalos. Eng muhimi — Ilikoga «qasdimni olib ber» demovdi, oʻla qolsa ham bunday demasdi. «Mening tashvishimda yurgani yoʻqdir. Akasi uchun qasos olmagunicha tinchimaydi. «Qonga — qon, jonga — jon!» dedimi, vassalom... Uning dardi menikidan ogʻirroq... Men qoʻlimdan ketganini ertaga qaytarib olaman. Buning yoʻqotgani esa qaytmaydi...» — Asadbek oʻzini shu gaplar bilan ovutgan boʻldi.

Togʻli qishloqqa nonushta mahali yetib kelishdi. Bu tomonlarda hali qor erib ulgurmagan, ayniqsa magʻrur choʻqqilar oq papoq kiygan moʻysafidlar singari goʻyo mudrardi.

Ilikoning bobosi xuddi ularni kutayotganday ayvon ustuniga suyanganicha yoʻlga tikilib turardi. Avval nabirasini, soʻng mehmonni koʻrgach ham yuzida quvonch nishonasi sezilmadi, gʻamgin qiyofasi oʻzgarmadi.

Orqadagi mashinada yetib kelgan Anzor chol bilan koʻrishgach, yordamchi yigitlari bilan birga dasturxon tuzashga kirishdi. Chol ularning harakatlariga monelik qilmay, zarang hassasini qoʻldan qoʻymasdan hovliga tushdi. Asadbek unga ergashib, hol-ahvol soʻradi. Chol unga javoban «Xudoga shukr», deb qalin soqolini tutumlab qoʻydi. Asadbek «chol yana biron gap aytarmikin», deb kutdi. Lekin chol «oʻzing yaxshi yuribsanmi?» deb ham soʻramadi. Shunda Asadbek oʻzbeklarga xos tarzda «Oshnamni berib qoʻyibsizlar», dedi. Bu gapdan ke-yin chol yonida turgan mehmonga qaradi. Asadbek hamisha chaqnab turuvchi nigoh oʻrniga botiq, nursiz koʻzlarni koʻrib, yuragi gʻalati boʻlib ketdi. Cholga yana bir nima deb tasalli bermoqni istadi, lekin shunga loyiq gap kelmadi tiliga.
— Anavi choʻqqini koʻryapsanmi? — dedi chol bir ozlik sukutdan soʻng. — Choʻqqi yolgʻiz, men ham yolgʻizman. Choʻqqi mendan oldin ham bor edi, mendan keyin ham yashaydi. Choʻqqi bexato yashaydi, men esam xatoyu gunohlarga boyib umr kechirdim. Vano oʻgʻlim urushga ketaturib ikki oʻgʻlini menga ishonib topshirgan edi. Men oʻgʻlimning omonatiga xiyonat qildim... Sulikoni asrab qololmadim...

Chol shunday deb yoʻlga qaradi.

Bu tun tush koʻrib edi: oʻzi ayvonda turgan emish. Yoʻldan esa oʻgʻli Vano bilan nabirasi Suliko yugurib kelayotganmish. «Ota, siz Sulikoni yoʻqotib edingiz, men uni topdim!» deb quvonarmish Vano. Faqat Suliko ellik yoshdagi odam emas, balki uch yoshli goʻdak emish... Otasi urushga ketganda shu yoshda edi Suliko... Qush qanotlarini yoygani misol chol quchogʻini ochib ularga peshvoz chiqdi. Ular esa chekindilar, chekindilar, soʻng qora nuqtaga aylandilar...

Yarim tunda nafasi boʻgʻilib uygʻonganicha chol bedor edi. Suliko bilan Iliko bobolarini yolgʻiz qoldirmay, oʻzlari bilan birga yashashga koʻndira olishmadi. Kutaisida turishganda chol rozilik berganday boʻldi, ammo shaharda ikki kunga ham chiday olmadi. Qishloqdagi qabristonda yotgan ajdodlarini, xotinini, nabiralarining onasi boʻlmish kelinini yolgʻiz qoldirolmasligini aytgach, Suliko ham, Iliko ham noiloj qolishdi, bobolarini shaharga koʻchirish haqida boshqa soʻz ochishmadi.

Chol chetan devor bilan oʻralgan hovlisiga taqalgan yoʻl tomon bir-ikki qadam qoʻyib, toʻxtadi. Keyin yana choʻqqiga tikilganicha, xuddi oʻziga oʻzi gapirganday dedi:
— «Uning issiq koʻz yoshlarin hayvonlar yalar yoʻlda,

Olov esa toʻxtamayin avj oladi koʻngilda...»

Chol yana sukut qildi-da, soʻng Asadbekka qarab «Bu— Rustaveli!» deb qoʻydi. Keyin uning bilagidan ushladi.
— Iliko «akam kasaldan oʻldi», deydi, men bu gapga ishonmayman. Bizning urugʻdagi erkaklarning hech qaysisi ellik yoshida kasallik bilan oʻlmagan. Toʻsatdan ham jon bermagan. Oʻlim bilan olisha-olisha ke-yin oʻlishgan. Ayb menda... Men bularni shaharga qoʻyvormasligim kerak edi. Bularni shaharga boylik ishqi chaqirgan, deb yursam oʻlim yetaklab ketgan ekan. Sen gruzinmisan, oʻzbekmisan, musulmonmisan yo nasroniymisan — farqi yoʻq, boylikka qoʻyilgan koʻngilning oqibat ishi shu boʻladi. Mana bu tosh kulbaga qara: ota-bobolarim shu uyda tugʻilishib, shunda yashashgan, mening kindik qonim ham shunda toʻkildi. Vano ham, uning oʻgʻillari ham shu uyda tugʻilganlar. Biz siqqan bu uyga nima uchun Suliko bilan Iliko sigʻishmaydi?— Chol «men savol berdim, sen javob qaytarmaysanmi?» deganday tin oldi. Bu savolga cholning oʻzi ham javob topa olmagach, Asadbek nima desin? Alhol chol mehmondan soʻz kutmayotgan, ichidagi gʻalayonni bosmoqqa urinayotgan edi. — Bir odamning yashashi uchun nima kerak? Oz, juda oz narsa kerak. Sen bularning Kutaisidagi uylarini koʻrgansan. Mana shu togʻlarni uch xonali uyga almashishdi-ya! Oʻsha uylarga qalashtirgan lash-lushlarini mana bu archalardan afzal koʻrishdi. Men ularning qalblariga boylik urugʻini ekmagan edim, bilmadim, boylikka qanday ishqlari tushdi? Men qachondir gʻaflatda qolganman. Ha, gʻaflatdan boʻldi bu, — chol chuqur xoʻrsindi. — Hazrat Iyso deydiki, «Dengiz toʻlqini ustiga kim uy qura oladi? Bu dunyo hayoti shuning oʻzidir? Uni abadiy qarorgoh qilaman, deb oʻylamang». Suliko shunday oʻylagan edi. Ilikoning fikri ham shu. Sen ularning doʻstisan, demak, sening turush-turmushing ham shu. Qarorgohlaring choʻkajagini bilmaysanlarmi?

Chol «bu savolimga javob bermoqqa majbursan!» deganday Asadbekka tikildi. U ilgari ham koʻp gapirardi. Dono gaplarni bir-biriga ulab ketishga usta edi. Oʻrtaga savol tashlab, javobni begona qilmas edi. Donoligidan oʻzi ham zavqlanardi, koʻzlarida olov yonar-di. Hozir zavq ham, olov ham yoʻq. Siniqlik bor. Asadbek «Sulikoning oʻlimi oqsoqolni sindiribdi», deb oʻyladi, uning atrofida soyadek ilashib yurgan oʻlim sharpasini esa sezmadi.
— Qarorgohlaring choʻkishini bilmaysanmi? — deb savolini takrorladi chol.

Asadbek, uning nigohiga dosh berolmay, koʻzlarini olib qochdi.

Qarorgohi choʻkajagini nega bilmasin, biladi. Faqat qaerda, qachon choʻkishigina unga noma’lum xolos. Oqibat choʻkishini bilsa-da, «balki omon qolarman», deb umid qilaveradi.

Chol savolini takrorlaganda Asadbek Muhiddin otaning ovozini eshitganday boʻldi. Yoʻq, ovoz uniki emas, otasiniki edi... Agar bir moʻ’jiza boʻlib, otasi tirilib kelsa, shunday deb soʻrardi... Shuni oʻylab Asadbekning vujudini yengil titroq kesib oʻtdi.

Chol astoydil javob kutayotgan edi.
— Choʻkish har bir odamning peshonasida bor, — dedi Asadbek horgʻin holda.
— Barcha bir xilda choʻkmaydi. Sulikoning choʻkishi boshqacha boʻldi-ku? Ilikoga ayt, endi esini yigʻib olsin. «Ey Muso, oxiratingni unutadigan tarzda dunyo sevgisiga mayl etma. Agar huzurimga dunyo sevgisi bilan keladigan boʻlsang, bundan ham kattaroq gunohing boʻlmaydi!» Bu kimning gapi bilasanmi?

Chol shoirdan misol keltirishni yaxshi koʻrgani uchun:
— Rustavelimi? — dedi.

Bu javobni eshitgan chol gʻazablanib, xassasini yerga zarb bilan urdi-da:
— Ahmoq! — dedi. Soʻng oʻzining tilida nimadir deb gʻudurandi. Keyin bir oz yumshagan tarzda davom etdi: — Bunchalar ahmoq boʻlmasalaring. Axir bu Xudoning hazrat Musoga buyrugʻi-ku!? Eshit: Xudo vahiy yoʻli bilan hazrat Musoga yana shunday xitob qiladi: «Ey Muso! Zolimlarga xos dunyo hayotining senga nima keragi bor? Zolimlarga oʻxshab yashash senga yarashmaydi. Ulardek yashash fikrini xayolingdan chiqarib ot! Aq-lingni ishlatib, bunday yashashdan qoch! Zolimlik bilan oʻtkazilgan bu dunyo hayoti naqadar tuban! Goʻzal amallar bilan oʻtkazilgan dunyo hayoti esa naqadar goʻzal!» — Bu gaplarga diqqat qilyapsanmi? Yana Xudo deydiki: «Men mazlumning haqqini zolimdan olib berish uchun bu zolimni qadam-baqadam kuzataman... «Angladingmi? Zolimlarga oʻxshab yashash fikrini xayoldan chiqarib otish kerak. Xudo yahudiyga ham, nasroniy, musulmonga ham, hatto butparastga ham shunday buyurdi. Oʻzing anglagan boʻlsang, Ilikoga ham anglat. Men endi tushuntirmoqqa ojizman. — Chol shunday deb ohistalik bilan qadam tashladi. Asadbek undan ortda qolmay yonida bordi. Oʻttiz qadamlar yurilgach, chol toʻxtadi. Keyin oʻgirilib, iziga qayta boshladi. Shundagina Asadbekdan hol-ahvol soʻradi. Asadbek fursatdan foydalanib uni toʻyga taklif qilish maqsadida atayin kelganini bildirdi. Chol taklifdan quvonganday boʻlib, jilmaydi:
— Men oʻgʻillaringga eng yaxshi tulporlardan sovgʻa qilaman.
— Oʻzingiz borsangiz, bizga eng ulugʻ sovgʻa shu boʻladi, — dedi Asadbek.
— Yoʻq! — dedi chol qaysarlik bilan: — Er yigitga ot kerak, xanjar kerak, papoq kerak, boʻrk kerak! Oʻgʻillaring men kabi uzoq umr koʻrsinlar, men kabi halol yashasinlar, ammo farzand hajridan yiroq boʻlsinlar, angladingmi?

Dasturxon atrofida uzoq oʻtirmadilar. Asadbek Tomskka uchishi shart ekanini eslatgach, Iliko unga ijozat berdi. Oʻzi esa bobosi bilan qoldi. Asadbekning Tblisiga kelishidan maqsadi faqat toʻyga taklif qilish emas, balki Tomskka borish yoʻlidagi bir niqob ekanini anglagan Iliko «Qaytishingda Anzorning oʻzi kutib olib, kuzatadi. Men ertalab Moskvada boʻlishim kerak», deb uzr soʻradi. Asadbekning niyati ham Tbilisi orqali qaytish edi. Biroq, vaziyat uyiga Moskva orqali qaytishga majbur etdi.

II- qism
 



  1. Hazrat Alisher Navoiydan. Mazmuni: Yor firogʻi jonimga koʻp qasd etti, ayriliq oʻqi esa tanimni nishon etti. Agar falak mening hukmimga boʻysunsa edi, oʻsha Oyni menga yo meni unga yetkursa edi.