OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiShaytanat (IV- kitob, III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm257KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/12/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shaytanat (IV- kitob, III- qism)
Tohir Malik

XVII bob

1

Odam tugʻilishi bilan yashay boshlaydimi?

Bu savol har bir inson bolasiga bema’ni tuyulishi tabiiy. Odam yashamoq uchun bu dunyoga keladi, degan ojiz haqiqat barchaning ongidan muqim oʻrin olgan. Ayrim olimlarning aytishicha, chaqaloq tugʻilishi hamon «Ana endi oʻladigan boʻldim», deb yigʻlar emish. Agar bunga ishonilsa, odam bolasi tugʻilishi bilan oʻlimi onlarini kutish navbatiga turadi. Asli bu yorugʻ dunyo Azroil doʻkoni eshigiga tizilgan navbat zanjiridan iborat. Ajabki, oʻlim navbatida turib ham ba’zilar boshqalarni oʻldirishni istaydilar. Tirikliklarida birovlarni oyoqosti qilib, oʻlganlarida oʻzlarining oyoqosti boʻlmaklarini goʻyo bilmaganday yuradilar. Azroilning doʻkoni koʻzga tashlanib, navbat yetgach esa qochmoqqa goʻr ham topolmay qoladilar.

Xongirey ayni shu toifadan edi.

Bir kuni Jalil Asadbekka zaharli soʻz nishlarini sancha turib: «Agar olamning kuni senlarga topshirilsa, yer yuzida halollik ham, vafo ham, mehr-oqibat ham qolmaydi. Senlar kurtak ochgan niholni sindirib tashlashdan, boychechakmi yo polaponlarnimi ayamay toptashdan toymaysanlar. Hatto bir-birovingni ayamay yanchasanlar. Senlarning huzur-halovatlaring shu yanchishdan. Nima uchun Haydar kessaging bilan doʻstsan, aytaymi? Ikkovingning halquming bir, nafsing bir», degan, Asadbek bu haqiqatga qarshi joʻyali javob qaytara olmagan edi.

Agar Jalil Xongireyni tanisa, qilmishlaridan xabar topsa unga ham ayni shu gaplarni aytib, balki undan «Dunyo oʻzi yanchish uchun yaralgan, sening uzilib tushgan xazonday ham qadring yoʻq», degan javobni eshitarmidi...

Xongireyning turish-turmushi faqat yanchishdan, oʻlimga hukm etishdan iboratdir, deyish ham insofdan emas. Bir kuni Zelixon unga «Odam oʻldirish boʻyicha chempion boʻlmoqchimisan, sal orqa-oldingga qarab fikr qil», deb tanbeh berganida u «Men dushmanlarimni oʻldiryapman, dushmanlarim koʻp boʻlsa men aybdormanmi?» deb oʻzini oqlagan edi.

Otasini yerga topshirib qaytgach, oʻlimga hukm etiluvchi odamning unga dushmanligi yoʻq, aksincha sadoqati mavjud edi. Aniqroq aytilsa, tasodif bilan qoʻlga tushib qolgan yigitini qamoqdan qochishiga oʻzi yordam bergan edi. Xongireyni kutib olgan Mamatbey qamoqdan qochgan yigitning Moskvaga yetib kelganini aytib, «xabarning chalasi bor, uni ham aytaveraymi?» deganday unga qarab qoldi.
— Yana nima darding bor, gapir, — dedi Xongirey.
— U bir oʻzi qochmabdi, sherigi bor, — dedi Mamatbey.
— Kim?
— Tanimaysiz, men ham tanimayman.
— Kim deyapman?! — Bu safar Xongirey zarda bilan soʻradi.
— Mentlardan ekan.
— Nima bilan oʻtiribdi?
— Zoʻrlash.
— Shu yoqqa boshlab kelibdimi?
— Yoʻq. Birga qochib chiqishganu Tyumenda ajralishgan.

Xongirey unga qovoq uyub qaradi-yu, boshqa gap ayt-madi. Idoraga kelishganda Mamatbey uzilib qolgan suhbatni davom ettirdi:
— Aytishicha, ment yaxshi yigitga oʻxshaydi. Xizmatga olsak ham boʻlarmish.
— Shunaqami? — Xongirey sigaret tutunini yuqoriga qarab pufladi-da, kulini yonida oʻtirgan Mamatbeyning tizzasiga qoqdi. Xoʻjayinining kayfiyati buzilganini sezgan Mamatbey kulni qoqishga shoshilmadi. Tagʻin ham Xongirey hozir unga nisbatan marhamat qildi. Agar sigaret choʻgʻini yuziga bosganida ham Mamatbey churq etmasdan oʻtirgan boʻlardi.
— Demak, xizmatga oladigan boʻlib qolibsanlar-da, a? — dedi Xongirey, — Balki unga toj ham kiydirib qoʻygandirsan?
— Men unaqa demadim, — Mamatbey oʻzini oqlamoqchi boʻldi.
— Aqling zanglabdi, — dedi Xongirey, — u ahmoq senga tavsiya etibdi, sen ahmoq esa bir shilta mentni xizmatga olish mumkin, deb oʻtiribsanmi? Qachondan beri mentlarni xizmatga oladigan boʻlib qoldik?
— Axir...
— Nima, «axir»? Gapir!
— Mentlar xizmatimizni qilishadi-ku?
— Rostdanam aqling zanglabdi. Mentlar bizga xizmat qilishmaydi, men ularni xizmat qildiraman. Far-qi bormi? Sen xizmatga loyiq koʻrayotgan ment qamalmasdan avval nega kelmadi? Qamalib, shiltasi chiqib ketgandan keyin aqli kiribdimi? Sen shunga ishon-yapsanmi? Ichimizga kirib olish uchun qilinayotgan nayrang boʻlsa-chi?
— Men ham shuni oʻyladim.
— Oʻylaganing yoʻq, oʻylaganingda menga aytmas eding. MUR[1]dagi Rushaylo xizmatimizni qiladigan boʻldi, desang ishonardim oʻylab ish qilishingga, — Xongirey shunday deb mulozimining tizzasiga yana sigaret kulini toʻkdi.

Mamatbey xoʻjayinining hovuri pasayishini kutganday sabr qilib, soʻng soʻradi:
— Bola nima qilsin?
— Ment bilan birga boʻlganning qismati bir: endi uning yashashga haqqi yoʻq.
— Balki...
— Nima, «balki»? Qonunni oʻzgartirmoqchimisan? Gapir!
— Qonun oʻzgarmaydi. Joyiga qaytarib qoʻya qolaylik. Tinchisa oʻsha yerda tinchiydi. Lager teletaypiga qoʻyamiz.
— Mujmallik qilma.
— Krasnoyardagi ish yaxshi boʻldi. Lekin u yerdagilarga yana bitta va’damiz bor.
— Qanaqa va’da?
— Biz ularga ikkita kurer roʻpara qilishimiz kerak edi.
— Buni bilaman. Lekin ketma-ket yuboriladi, de-yilmagan. Orada oʻzimiz ham ish qilib olishimiz kerak.
— Ishni boshladik. Hozir Krasnoyarda bizga hech qanday qarshilik yoʻq. Mentlar va’dada turishibdi.
— Ularga qattiq ishonvorma. Ehtiyot boʻl. Molni faqat Haydar orqali yubor. Ketsa oʻsha ketsin, bu tomonlarga kavlab kelishmasin. Haydarning yurish-turishi qanaqa?
— Siz oʻylaganday. Selimga toqati yoʻq, lekin sir boy bermayapti. Faqat... Asadbek bilan munosabatiga tushunish qiyin. Asadbekning osongina chetga chiqishi menga yoqmayapti.
— Bek aqlli odam, oʻgʻillarini oʻylaydi, bolalarining garovda ekanini yaxshi biladi. Lekin... payt poylaydi. Indamay ketaversa men uni aqlli demas edim. Lekin... aqlli odamning uzoq yashashi ham durust emas. Shuni Haydarga yaxshilab tushuntirib qoʻy. Bu yogʻini oʻzi eplasin, eplolmasa Selimga qoʻyib bersin, unga shunday de, — Xongirey sigaret qoldigʻini unga uzatdi-da, oʻrnidan turib kerishdi.

Mamatbey tizzasidagi kulni ehtiyotlik bilan kaftiga olib kuldonga tashladi.
— Haydar ta’ziyaga kelmoqchi edi, joyingda oʻtiraver, dedim. Fotihaga kelib-ketishmasa tinchishmaydi, ularning odati shunaqa.
— Odatini uyida qilaversin. Aytib qoʻy: bu tomonlarda umuman oʻralashmasin. Kerak boʻlsa oʻzim chaqiraman. Sen esa bugun meni Markaziy bankdagi odam bilan uchrashtirasan. Ishni choʻzib yubordi. Uni «Lebedinaya pesnya»ga olib bor.
— U yer uncha toʻgʻri kelmas deyman. «Pekin»[2]ga ta-yinlab qoʻysak-chi?
— Yoʻq. Begona koʻzlardan xoliroq boʻlsin.

Mamatbey boshqa e’tiroz bildirmadi. Telefonda kim bilandir gaplashdi-da, Xongireyga qarab yelka qisdi.
— Bugun iloji yoʻq ekan, xotinining tugʻilgan kuni emish.
— Shunaqami? — Xongireyning koʻzlarida choʻgʻ yaltilladi. — Qaerda nishonlar ekan, bilchi, balki bizni ham taklif qilar, a? Shunday tantanadan quruq qolmaylik.

Mamatbey xoʻjayinining xayolida bir reja tugʻilganini fahmladi.

Xongirey keyingi paytlarda omadi yurishayotganidan quvonib, qadamni yanada kattaroq tashlashni moʻljallayotgan edi. Xongirey «Shaxsiy bank ochmoqchiman, nomi «Girey xon» boʻladi», deganida Mamatbey «Knyaz, bank ishonchsiz narsa», deb ajablangan edi. Bankning ishonchsiz ekani Xongireyning oʻziga ham yaxshi ma’lum. Shu paytga qadar omonat kassaga sariq chaqa ham qoʻymagan. Changaliga tushgan odamlarning uyidan jamgʻarma daftarchalarini olganda ularning laqmaligidan kulardi. Yarim yilcha muqaddam bir iqtisodchi bankdan olinishi mumkin boʻlgan foydaning miqdorini aytganda Xongirey bu ishga qiziqib qoldi. Moʻljalicha, uzogʻi bilan ikki oy ichida hal etilishi lozim boʻlgan ishning yarim yilga choʻzilishiga boshqa toqat qilolmadi. Ayniqsa har bir hujjatdagi imzo uchun haq toʻlash uning izzat-nafsiga tegardi. «Kuch bilan bitadigan ish uchun haq toʻlash ahmoqlikdir», deb soʻkinardi. Soʻkinardi-yu, kuch hamisha ham natija beravermasligiga aqli yetib, oʻzini tiyardi. Oqim asosiy toʻgʻonlardan biriga kelib toʻxtaganda uning toqati toq boʻldi. Mamatbey xoʻjayinining kallasiga qanday shumlik kelganini bilmasdi, bilganida ham toʻxtatishga qurbi yetmasdi. Chunki Xongirey xuddi Hosilboyvachcha kabi yonidagilardan maslahat soʻrardi-yu, lekin oʻz bilganidan qolmas edi. Baygildin — ustoz, Mamatbey — yaqin yordamchi hisoblanganlari bilan vazifalari buyruqni bajarish, amrga soʻzsiz itoat etishdan iborat ekanini yaxshi bilardilar.

Mamatbey xoʻjayinining amri bilan tugʻilgan kun nishonlanadigan joyni aniqlagach, belgilangan vaqtdan yarim soat avval «Praga» restoraniga keldilar. Xongirey yigirma kishiga moʻljallangan dasturxonga koʻz yugurtirib, yana oʻn stul qoʻyishni, dasturxon ustini yanada toʻkinroq bezashni buyurdi.
— Ha, gapimga tushunmadingmi? — dedi Xongirey buyruqni bajarishga shoshilmayotgan restoran xoʻjayiniga qarab.
— Tushundim, — dedi restoran xoʻjayini, — lekin... egalari norozi boʻlisharmikin?
— Egalari deganing bankdagilarmi?
— Ular mehmonlar. Dasturxonni «Orxideya» buyurgan. — Restoran, xoʻjayini «shuni ham bilmaysizmi?» deganday qarab oldi. Xongirey oʻz navbatida xuddi shu savol nazari bilan Mamatbeyga qaradi. Mamatbey «xabarim yoʻq edi», degan ma’noda yelkasini qisdi.

Temir buyumlar sotish bilan shugʻullanadigan bu firma Xongireyga ma’lum edi. Bugay laqabli oʻgʻriboshi kasbini oʻzgartirib, savdo firmasi tashkil etayotganida Xongireyning maslahatini, aniqroq aytilsa, roziligini olgan edi. Toʻda kichikroq, kuchsizroq boʻlgani sababli Xongirey ularga toʻsiq yasamadi. «Praga» restorani koʻp yillardan beri Bugay ixtiyorida ekani, unga choʻtal toʻlab turishini ham yaxshi bilardi. Mamatbey tugʻilgan kun «Praga»da nishonlanishini aytganda «bu tasodifmi yo Bugay bilan aloqasi bormi bularning» deb oʻylagandi. Restoran xoʻjayinining gapidan keyin buyrugʻini bekor qilib, oʻzi uchun hozirlab qoʻyilgan joyga borib oʻtirdi.
— Bugayning bular bilan qanday oldi-berdisi bor?— dedi Xongirey Mamatbeyga oʻtli nigohini qadab. Xoʻjayinining gʻazablanganini sezgan Mamatbey nimadir deyishga majbur edi. Shu sababli haqiqatni emas, taxminini ayta qoldi:
— Balki Bankdan qarz olmoqchidir?

Xongireyga bunaqa mujmal javob kerak emasdi. U oʻt oldirgan sigaretini roʻparasida oʻtirgan Mamatbeyga qarab otdi-da:
— Shu ziyofat tugaguncha aniq bilib ol, ahmoq! — deb amr etdi.

Mamatbey sigaretni kuldonga astalik bilan qoʻyib, oʻrnidan turdi. Tashqarida qolgan yigitlarning biriga amrni yetkazib, joyiga qaytdi.

Shodiyonaga aytilganlar birin-sirin kelib, ziyofat boshlangach, Xongirey ularga qarab turib:
— Maoshga yashaydigan halol odamlar shularmi? — dedi piching bilan.
— Ha, bu bechoralarga qiyin, — dedi Mamatbey bu piching ohangini quvvatlab.
— Biz muttahamlarmiz, bular esa halol odamlar. Qara, xotini menbop ekanmi?
— Sal qarilik qiladi.
— Bugun uyiga mehmon boʻlaman.

Mamatbey «tushundim» deganday bosh irgʻab qoʻydi-da, cholgʻuvchilarga yaqin stol atrofida oʻtirgan yigitlarga ishora qildi. Ulardan biri yaqinlashgach, qulogʻiga shivirladi.

Ziyofatda odam kam ekanligidan shubhalanayotgan Xongireyning xayoliga yana bir fikr kelib, hali koʻchaga chiqishga ulgurmagan yigit qoʻshimcha topshiriq oldi.

Ular ziyofatning oxiriga qadar oʻtirmadilar. Vazifani bajarib qaytgan yigit Mamatbeyga hisob bergach, qoʻzgʻolishdi. Mashinaga oʻtirgan Mamatbey amrga mahtal haydovchiga qaramagan holda:
— Arbatga, — deb qoʻyib, Xongireyga hisob ber- di: — bu bechora kambagʻalning xotini har oyda bir tugʻilib turar ekan. Yaqinda «Rossiya»da nishonlashibdi.
— Oʻtirishlaridan shunaqaga oʻxshovdi. Bular kanaga oʻxshagan narsa, odamlarni siqib, qonini ichib turishmasa yeganlari ichlariga tushmaydi.
— Bugay Avstriya bilan oldi-berdi qilmoqchi ekan, ish valyutaga qadalib qolibdi. Bu ziyofat oʻsha toʻgʻonni buzarkan.
— Bugay oʻgʻirligini esdan chiqaribdi. Ishni madaniychasiga hal qilmoqchi boʻlibdi-da. E, yoʻq, — Xongirey esnab, kerishdi. — Bular bilan madaniy tilda gaplashib boʻlmaydi. Bularning taqdirini oʻgʻrilardan boshqa hech kim hal qilish huquqiga ega emas. Men oʻgʻriman, oʻgʻri ekanimdan faxrlanaman. Bular ham aslida mendan battar oʻgʻri, lekin «oʻgʻrisan», desang jazavaga tushadi. Qarab tur, sening hujjatlaring uzogʻi bilan indinga tayyor boʻladi. Bugay esa ziyofatga kuyib qolaveradi.
— Knyaz... — Mamatbey «bular oʻlimga hukm qilindi», deb oʻylab, e’tiroz bildirmoqchi boʻldi.
— Ovozingni oʻchir, — dedi Xongirey barmoqlarini qisirlatib. — Men ularni hatto chertmayman.
— Knyaz, uyida qaynonasi bilan ikkita bolasi ham bor.

Xongirey «boʻlsa nima?» deganday qarab qoʻydi-yu, javob bermadi.

Xoʻjayinning amri bilan yoʻl-yoʻlakay bir savat gul olvolishdi.

Yoshi ellikdan oshib, pardozga zoʻr bergan ayol gul koʻtarib kelgan odamlardan hadiksiramadi. Qimmatbaho sovgʻalar qabul qilib olishga koʻnikkani uchun savatdagi noyob gullarga mensimaygina qarab olib, kiyimilgich tomonni koʻrsatdi-da, «shu yerga qoʻying» deb buyurdi. Mamatbey gulni qoʻyib:
— Sharlotta Moiseevnani tugʻilgan kunlari bilan tabriklaymiz, — deb qanday maqsadda gul keltirganini yana takrorladi. Ostonada turgan Xongirey esa ayoldan koʻz uzmay tikilib turdi. Undan «Ie, qizimning tugʻilgan kuni emas-ku», degan gapni kutdi. Ayol kiprik qoqmay tikilib turgan Xongireyga qarab-qarab qoʻydi-yu, Mamatbeyga:
— Boravering, gullaringizni berib qoʻyaman, — dedi.

Shundan soʻng Xongirey ostona xatladi. Uning izidan ikki yigit ham kirib, eshik yopilgach, ayolning koʻzlari javdirab, tislandi.
— Sizga nima kerak? — dedi. Keyin ovozini koʻtarib, qichqirdi: — Sanya, militsiyaga qoʻngʻiroq qil!

Mamatbey Xongireydan buyruq kutmayoq, tezlik bilan ichkari xonaga oʻtdi.
— Margarita Iosifovna, sizni bolaligingizda yaxshi tarbiya qilishmagan ekan. Birov gul olib kelsa, avvalo «rahmat» deyish kerak, — Xongirey ayoldan koʻzlarini uzmagan ravishda bostirib kela boshladi. Ayol esa beixtiyorlik bilan tislanib, chekindi. — Undan tashqari, «Bu ajoyib gullar kimdan sovgʻa?» deb soʻrash kerak, shundaymi? Siz qoʻrqmang.. Meni... tanimayapsiz shekilli, a?
— Tanimadim... — dedi katta xona oʻrtasida toʻxtagan ayol, soʻng bolalar oʻtirgan xona tomonga xavotir bilan qarab qoʻydi-da, titroq ovozda «Bolalarga tegmang», deb yalindi.
— Bolalarga nega tegarkanmiz? Biz yaxshi bolalarni hatto chertib ham qoʻymaymiz. Sizga ham tegmaymiz, qoʻrqmang. Biz bosqinchi emasmiz. Siz nega meni tanimadingiz, hayronman?
— Qaerdadir koʻrganman,— dedi ayol ishonchsiz tarz-da.
— Ha, albatta koʻrgansiz, men sizning oʻgʻlingizman. Gruzin oʻynashingizdan tugʻilganman. Meni Suxumidagi tugʻruqxonaga tashlab ketgansiz, — Xongirey eshikning chap tomonidagi oromkursiga oʻtirib, oyoqlarini chalishtirdi, soʻng choʻntagidan sigaret olib, labiga qistirdi. Ayol esa bu gapdan ajablanib, «mening bunaqa oʻynashim boʻlmagan», deganday javdiraganicha turaverdi. Undan sado chiqmagach, Xongirey sigaretasini tutatib, gʻoyat xotirjam ravishda gapini davom et-di: — Men oʻgay singlim bilan kuyovimni koʻrgani keldim. Lekin, onajonginam, singlimni qachon tuqqaningizni unutib qoʻyibsiz. Axir bugun uning tugʻilgan kuni emas-ku, toʻgʻrimi?
— Ha...
— Lekin «Praga»da nishonlashyapti. Biz hozir oʻsha yerdan kelyapmiz. Biz — yaxshi odamlarmiz, yomonlikni istasak, uyingizga kelib oʻtirmas edik. Shuning uchun siz titramang, onajonginam, choy berasizmi yo qahvami, mayli, himmatingiz. Faqat titramang, singlimning peshonasidan oʻpib, kuyovim bilan tanishamanu ketaman.

Ayol Xongireyning gaplariga bir tushunib, bir tushunmay hayronu lol qarab turdi. Dastlab, Xongirey bostirib kirayotganida u qoʻrqdi. Ayniqsa Mamatbey ichkariga oʻtganda nabiralaridan xavotirlanib, joni chiqib ketay dedi, tili gapga aylanmay ham qoldi. «Baqirib, yordamga chaqirsam-chi?» degan fikrini oʻzi boʻgʻib qoʻya qoldi. Avvalo baqirigʻi bu qalin devorlarni teshib oʻta olarmikin? Qolaversa, uning nolasini eshitib kim yordamga chiqadi? Bu atrofda jonidan toʻygan mard bormi?

Puldor oilalarni oʻgʻrilar bosayotganidan u xabardor edi. Ham moldan, ham jondan ayrilayotganlarni eshitganda «biznikiga ham shunaqalar kelib qolishar», deb choʻchimagandi. U pul evaziga odam oʻldirib beruvchi, «kiler» deb nom olgan kasb paydo boʻlganini ham eshitgan, biroq, oʻsha kilerlardan biriga men ham duch kelarman, deb xayol ham qilmagandi. Chunki u xonadonini kambagʻal bilan boyning oʻrtasida — «oʻrtahol» deb bilar, nazarida bosqinchilar faqat oshib-toshib yotganlarnigina bosishar edi. Dastlab Xongireyni oʻshanday bosqinchilardan deb oʻyladi, soʻng esa uning yumshoq ohangda gapirishidan «militsiyadandir», degan fikr uygʻondi. Lekin uning birdaniga qandaydir oʻynashdan boʻlgan oʻgʻilga aylanib qolishi ayolni taajjubga soldi. «Bu boʻhton nima uchun kerak ekan?» deb ajablandi. Xongirey bu gapni aniq bir maqsad bilan emas, shunchaki tiliga kelib qolgani uchun aytib yuborgan edi.

Ayol qahva tayyorlash uchun oshxonaga kirganida Xongirey oʻtirgan yerida ovozini balandlatib:
— Toʻrtinchi qavatda bir xotin oʻlib, ikki yilgacha hech kim bilmabdi, shu toʻgʻrimi? — deb soʻradi.
— Ha, — dedi ayol, — kampir yolgʻiz yashardi.
— Oshxonaga kirganida oʻlibdimi? — deb yana soʻradi Xongirey.
— Ha...

Ayol shunday dedi-yu, qoʻrquvdan badaniga muz yugurdi: «Nega buni eslab qoldi, yana oshxonada... Shu yerda oʻldirmoqchimi meni?..»
— Oʻlik sasib ketardi-ku, hididan ham bilmadilaringmi? — Xongireyning navbatdagi savoli uni bu xayollar changalidan yulib oldi.
— Deraza ochiq ekan...
— Ha, oshxonaning derazasini ochib qoʻygan yaxshi...

Bu gapdan keyin ayol beixtiyor derazaga qaradi. Hali bolalarga quymoq pishirganda derazani qiyalatib ochib qoʻygan edi. U endi eshik ogʻzida turgan yigitga xavotirlanib qaradi. Nazarida yigit choʻntagidan toʻpponcha yoki tigʻ chiqarganday tuyulib, qaltirayotgan oyoqlarini jon tark eta boshladi. Yigit uning ahvolini sezib:
— Derazani yopib qoʻyaymi, sovqotyapsizmi? — deb soʻradi.

Ayol «ha», demoqchi boʻldi-yu, ammo ovozi chiqmadi, bosh irgʻab qoʻya qoldi. Yigit derazani yopgach, ayolga yaqinlashdi.
— Qahvangizni bering, oʻzim qaynataman. Xoʻjayin mening qahvamni yaxshi koʻradi.

Bu gapdan keyin ayol oʻlmasligini bilib, yengil tortdi. Biroq, sarosimadan qutula olmay roʻparada turgan qahvani koʻrmadi, tokchalarni timirskilab qidirdi.

Xongirey yigiti tutgan qahvani olib ichayotib:
— Onaginam, endi ichkariga kirib jiyanlarimga qarang. Ovoz chiqarmay oʻtiringlar. Jiyanlarimga «oltin baliqcha» ertagini aytib bering. Teshik togʻora bilan qolish juda qiziq, a?

Oradan yarim soat oʻtgach, eshik ochilib, avval gul koʻtargan Sharlotta, uning izidan esa eri kirib keldi. Juvon savatdagi gulni koʻrib, eriga savol nazari bilan qaradi:
— Mehmon bor shekilli? — dedi eri ichkariga imo qilib.

Katta xonaga oʻtib, bemalol sigaret tutatib oʻtirgan Xongireyni koʻrishdi-yu, bir-birlariga savol nazari bilan qarashdi.
— Kechirasiz, bu uyda chekish mumkinmas, yosh bolalar bor. Erim ham balkonga chiqib chekadi, — dedi juvon ensasi qotganini yashirmay.
— Avval salomlashish kerak, — dedi Xongirey pinagini buzmay. — Undan tashqari men sening ering emasman, shu yerda chekaveraman. Men sening oʻgay akang-man. Mening otam sening onangning birinchi oʻynashi edi.
— Nimalar deb valdirayapsiz, esingiz joyidami? — dedi ayol dagʻal ohangda.
— Mening esim joyida, singilginam, ammo sening esing kirdi-chiqdi boʻlib qolibdi. Sen qachon tugʻilganingni unutib qoʻyibsan. Onaginam seni yigirma oltinchi iyunda tuqqan edilar, a? Mark Abramovich, xotiningizning pasportiga hech qaramaganmisiz?
— Siz kimsiz, sizga nima kerak? — dedi Mark keskin ohangda.

Savoliga javob oʻrniga xonada ikki yigit paydo boʻlgach, qoʻpolligidan afsuslandi. Xotini esa salkam talvasaga tusha boshladi.
— Singilginam, ichkarida onang bilan bolalaring kutishyapti. Kichigingni bugun emizganmisan, yo emchakdan chiqqanmi? Sen oʻsha xonaga oʻta qol. Toʻxta, sumkachangni eringga berib ket.

Juvon buyruqni bajarib, bolalari yotadigan xonaga oʻtdi. U yerda yigʻlamsiragan ovoz eshitildi-yu, tezgina tindi.
— Mark Abramovich, kuyovim boʻlganingiz uchun sizga yaxshilik qilmoqchiman: «Orxideya»ning sovgʻasiga uchmang. Qani, nima sovgʻa qilgan oʻzi? Yigitlardan biri Markning qoʻlidagi sumkachani olib, Xongireyga berdi. Xongirey uni ochib, ichidan tilla soat bilan yoqut koʻzli uzukni oldi-da, chiroqqa tutib qaradi. — Past ketishibdi. Avstriyadan oqib keladigan pullar evaziga tuzukroq sovgʻa qilishsa ham boʻlardi, — Xongirey shunday deb sovgʻalarni choʻntagiga solgach, sumkachani Markning oyoqlari tomonga tashladi.
— Siz kimsiz? — dedi Mark bu safar tobelik bilan.
— Kimligimni hali ham bilmadingmi? Qaynogʻang-man. «Orxideya»ning ishi bilan oʻrtoqlar shugʻullanishyapti. Kamida oʻn yilga uchib ketasan.
— Men ularga hech qanday yordam qilganim yoʻq. Va’da ham bermaganman.
— Lekin ziyofatini yeding. Sovgʻasini olding. Endi sen menga ayt: «Girey xon» bankining hujjatlarini nega bosib oʻtiribsan?
— Bu faqat menga bogʻliq emas. Yana xoʻjayinlar ham bor.
— Haqqini oldingmi? Bu yogʻi sening bosh ogʻrigʻing, kimlarga bogʻliqligi bilan ishim yoʻq.
— Vaqt kerak.
— Vaqtning boshini oʻzing yeb boʻlding, kuyov. Endi bunday qilasan: ertadan qoldirmay hujjatlarga hamma qoʻllarni qoʻydirib, bizdan olgan pulingni uchga koʻpaytirib, topshirasan. Karra jadvalni bilarsan-a, indinga qolsa, uchga emas, oʻnga koʻpaytirasan. Savatdagi gullarni koʻrdingmi, oʻsha yerda mozorga qoʻyiladigan gulchambarlar ham bor ekan. Meningcha, savatdagi gul yaxshi, a? Men senday kuyovim borligidan faxrlanaman. Bugundan e’tiboran endi sen bilan tez-tez uchrashib turamiz. Men seni himoyamga olaman. Sen esa sovgʻalarni arra qilasan. Kelishdikmi? Dovdirama, sen Bugayga ishonma, u seni himoya qila olmaydi.

Xongirey oʻrnidan turib, Markning roʻparasida kerishdi-da «Misha!» deb chaqirdi. Bolalar xonasidan Mamatbey chiqib kelgach:
— Qara, qanday kuyovim bor mening? — deb zaharli tirjaydi. Ostonaga yetganda toʻxtab, Mark tomonga oʻgirildi: — Qara-ya, kuyov, toʻrtinchi qavatdagi kampirning oʻligi ikki yilgacha oshxonasida yotibdi-ya — deb qoʻydi. Mashinaga chiqib oʻtirishgach, Mamatbeyga: — Oʻsha kampirning oʻlganini menga yaxshi aytding. Bular endi ertalabgacha ishtonlarini hoʻl qilib chiqishadi,— deb kuldi.

Chindan ham bu gap Markning xonadoni tinchligini oldi. Ertalab eshiklari yoniga tizib qoʻyilgan qora matoli beshta motam gulchambarini koʻrishgach esa, taqdirga tan berishdi. Mark oqshomga qolmay Mamatbeyga qoʻngʻiroq qilib, vazifa bajarilganini bildirdi.

2

— Bu yogʻi musulmonchilikdan boʻlmadi, — dedi Kesakpolvon norozi ohangda. — Har holda begona emasmiz. Odamlar begonalarnikiga ham fotihaga boradilar. Bitta samoletda borib, keyingisida qaytib kelardim. Mamatbeyga qoyil qolmadim.

Selim nard toshlarini yumuq kaftida aylantir-gan boʻlib, taxtaga tashladi. Ikkita oltilikni koʻrib, Kesakpolvonga «qoyilmisan», deganday tirjaydi. Donalarni joylashga shoshilmay:
— Mamatbey toʻgʻri qilibdi. Sen bu yerdagi ishingni qoyillatsang ham katta gap, — dedi. Keyin birinchi donani boʻsh katakka joylab turib, qoʻshib qoʻy- di: — Maskovda senga pishirib qoʻyibdimi?

Bu gapdan Kesakpolvonning gʻazabi qaynab, hozirgina qoʻliga olgan nard toshchalarini Selimga qaratib otdi.
— Sen bola, haddingdan oshma! Xudoning oʻzidan vakolating boʻlsa ham bir kunmas bir kun mendan tepki yeb qolasan. Oʻladigan dunyoda seni bi-ir tepib oʻlarman, — Kesakpolvon bu safar alamini nard taxtadan oldi — qavatlarini shart yopib, chetga uloqtirdi.

Selim Kesakpolvonning vajohatidan astoydil qoʻrqdi, chegaradan chiqqanini anglab, goʻyo oʻzini himoya qilishga shaylanganday oʻrnidan turdi.
— Jahling chiqmasin, bu mening gaplarim emas. Men ham bormoqchiydim, Mamatbey menga shunday javob qildi.
— Senga javob qilgan boʻlsa, bu sassiq gapni oʻzing hazm qilib yuravermaysanmi? Menga dasturxon qilasanmi, soʻtak! Sening borishing boshqa, mening borishim boshqa. Sen fotiha bahonasida bolalaringni koʻrib kelmoqchi boʻlgansan. Ular ahmoqmi, buni tushunishmaydimi?
— Bolalarimni sogʻinsam, ulardan soʻramayoq borib-kelaveraman.
— Endi bu yogʻi choʻpchak boʻlib ketdi, oshna.
— Mamatbeyning nimadan achchiqlanganini sezmabsan.
— Sen sezdingmi, qani ayt-chi?
— Yuborgan odaming ishning ishkalini chiqargan. Mol qoʻldan ketgan.

Bu yangilik Kesakpolvonni taajjubga solmadi. «Krasnoyarga odam yuborish kerak», deyishgandayoq, ishdan kuygan latta isi kelayotganini sezgan edi. Lekin oʻyindagi kaltakning bir uchi baribir oʻzining boshiga tegajagini esa hisoblamagandi.
— Krasnoyarda odamingni mentlar kutib turishgan ekan, — Selim aytgan yangiligiga shunday izoh kiritdi.
— Qaerda, samolyotdan tushadigan joydami?
— Kozlovning uyida boʻlsa kerak.
— Unda men bu ishda farishtadek oppoqman. Agar odamimni aeroportda kutib olishsa-yu, u diplomatni «Mana, Selim afandim berib yubordi», deb topshirsa men aybdor boʻlardim.
— Bu ishkalning tagiga yetishadi hali. Nima boʻlganda ham ikkalamiz oʻyindamiz. Xarajatlarning bir ulushi bizning boʻynimizga ilinadi. Shu bilan qutulsak katta gap.
— «Qutulsak» dema, «qutulsam» deyaver.
— Sen Xongireyni yaxshi bilmaysan. Mamatbeyning yangi buyrugʻini ham bilmaysan. Aslida seni shuning uchun chaqiruvdim.
— Qanaqa buyruq? — Kesakpolvon unga sergaklanib qaradi.
— Xongirey bank ochmoqchi ekan.
— Bank? — Kesakpolvon ajablandi. — Bankni nima qiladi?
— Buni oʻzidan soʻraysan. Lekin soʻrashdan avval bitta limonni tayyorlab qoʻy.
— Nimaga?
— Bankka qoʻyasan yoki aktsiyalarini sotib olasan.
— Mamatbeyning gapimi bu yo sendan chiqqan aqlmi?
— Bu Xongireyning buyrugʻi. Hamma yigitlaringga soliq solingan. Eng kami uch yuz ming. Hisob-kitobini qilib menga berasan, men yigʻib, egasiga uzataman.
— Menga «limon»mi? Senga-chi? Yo bunaqa soliqdan ozodmisan? — Kesakpolvonning oʻtkir nigohiga Selim dosh berolmay, yerda sochilib yotgan nard donalariga qaradi. Aslida Mamatbey har ikkovining boʻyniga besh yuz mingdan ilgan edi. Mamatbey vositachi ekanidan foydalanib, oʻzining hissasini ham Kesakpolvonnikiga qoʻshib qoʻya qolgan edi.
— Sen dallollik qilma, men bollardan yigʻib, Mamatbeyga oʻzim yetqizaman.

Bir million pul berajagini eshitib, sal gangigan Kesakpolvon darhol oʻzini oʻnglab ololdi. Shu yoshga yetgunicha yonidan bir soʻmni chiqarib oʻylab sarf etgan Kesakpolvon bir million choʻz, desa, indamay berib qoʻyadigan ahmoq emasdi. Agar bu rostdan ham Xongireyning talabi boʻlsa, soʻraganini beradi. Faqat yonidan chiqarmaydi, yigitlar uch yuz emas, toʻrt yuz mingdan toʻlashadi, vassalom! Masalani shu tarzda yechgan Kesakpolvon Selimdan koʻzini uzmay, tirjaydi:
— Sen men bilan nard oʻynasang oʻynayvergin-u, ammo oʻynashma!

Kesakpolvon Selim qoʻngan mehmonxonadan chiqib, Sharif Namozovning uyi sari yoʻl oldi. Garchi Asadbekning soʻnggi buyrugʻini bajarishga mayli yoʻq esa-da, oʻzini majburlab bordi.

Ustalar yangi uyga soʻnggi pardoz berish bilan, mardikorlar esa eskisini buzish bilan band edi. Kesakpolvon ishlarni tashqaridan bir oz kuzatdi-da, loy kechib darvozaxonaga, undan hovliga oʻtdi. Chap tomondagi xona eshigi ochilib, peshonasini oq roʻmol bilan bogʻlagan, kiyimi tomgan boʻyoqlardan ola-chalpoq boʻlib ketgan, kalta soqol-moʻylabli usta chiqib kelib, salom berdi.

Oʻzbeklarda salom-alikdan keyin «hormanglar», deb qoʻyish fazilati borligini unutgan Kesakpolvon u bilan qoʻl uchida, mensimagan tarzda koʻrishib:
— Ha, ishlar ketyaptimi? — deb soʻradi.
— Ollohimga shukr, kam qilmayapti, — notanish mehmonning qoʻrsligidan koʻngli ogʻrisa-da, usta sir boy bermay jilmayib qoʻydi. «Siz kimsiz, sizga nima kerak?» deb ham soʻramadi. Uning oʻrniga Kesakpolvon soʻradi:
— Boʻyoqchimisiz?
— Ha, uncha-muncha boʻyab turamiz, asli kasbimiz naqqosh, ganchkor, Xudoga shukr, — dedi usta hilm bilan
— Qanchaga kelishdilaring bu ishlarni?

Bu savol ustani hayron qoldirdi. Odamlar uning ishini koʻrib tahsin aytishardi-yu, ammo «qancha pul oldingiz?» deb soʻrashmas edi. Bu kishi esa ishni koʻrmay turib puldan gap ochyapti, maqsadi nima ekan?
— Xudoning rizqi-da, — dedi usta hilmlikdan chekinmay. — Taqsir, imorat quryaptilarmi, bizga lozim yumushlari bormi?
— Hech qanaqa yumush yoʻq, — dedi Kesakpolvon sovuq ohangini oʻzgartirmay, — xoʻjayinlaring qaerda?
— Xabarim yoʻq, taqsir, xizmatda boʻlsalar ehtimol.
— Hozir xizmatga borasizmi, uyigami, menga baribir, qaerda boʻlsa ham toping. «Haydar akam kelib ketdilar, tez choyxonaga borar ekansiz», deb ayting. Tushundingizmi?
— Tushundim, «qaysi choyxonaga ekan?» deb soʻrasalar-chi?
— Oʻzi biladi, — Kesakpolvon shunday deb iziga qayta boshladi. Darvozaxonaga yetganida «ovsarroq odam boʻlsa bilmasligi ham mumkin» degan oʻyda toʻxtab, kuzatib kelayotgan ustaga qaradi: «Asadbek akang odamlar bilan gaplashadigan choyxonaga», desangiz oʻzi tushunadi.

Sharif Namozovning uyini sotib olib, koʻchib kelishga tayyorlanayotgan odam hayallamadi. Asadbek akasining choyxonasiga yoʻqlanayotganini eshitishi bilan yuragi taka-puka boʻlib tezgina yetib keldi. U shaharning kunbotar tomonida shunday choyxona borligini, bunda aqlga sigʻmas ishlar boʻlib turishini eshitgan, «bunaqa joyga duch kelishni dushmanimga ham ravo koʻrmayman», deb yurardi. Chaqirilgan joyga yetib kelgunicha «Xudoga nima yomonlik qiluvdimki, meni bularga roʻpara qilyapti», deb oʻylab bordi. Oʻyladi-yu, savolga javob topa olmadi. Agar oshxonasidagi taomga tushishi lozim goʻshtning teng yarmi «urib» qolinishi, somsalarga kalla goʻshti tiqilishi, ba’zan esa tashlab yuborilishi shart boʻlgan, qurtlagan jigarmi, boshqasimi, qiymalanib, ishlatib yuborilishini eslaganidami, savoliga javob topardi. Ukrainadan keltirilib, radiatsiya nurlanishi kuchli boʻlgani sababli kuydirib tashlashga tayyorlangan goʻshtni arzon-garov sotib olib ishlatib yuborganini eslamasa ham boshqa qiliqlari tarozuning jazo pallasiga oʻtirishi uchun kifoya qilardi.

Kesakpolvon ikki yonogʻi qip-qizil bu odamga tikilib qaradi-yu, tanimadi. Shuning uchun gapni oddiy savol-javobdan boshladi:
— Oting nima, qaerda ishlaysan?
— Otim Ma’murxoʻja, kichkinagina oshxonam bor.
— Shunaqa degin? Oʻsha kichkinagina oshxonang qaerda?

Ma’murxoʻja tilga olgan joy Hosilboyvachcha ixtiyorida edi. Shu sababli Kesakpolvon unga savol nazari bilan boqdi:
— Choʻtalni kimga berarding? Hosilgami?
— Shunday, Hosilboyvachchaga, ammo oʻzlari emas, odamlari kelib turardi.
— Kim, gʻilaymi?
— Ha, bilarkansiz, Shomiljon.
— Namuncha lattachaynarsan! — Kesakpolvon achchiqlanib, qoʻlidagi piyolani stol ustiga tashladi: — falonchi boyvachcha, pistonchijon... boyvachchang bilan joning chiqqan joyiga kirib ketgan, eshitmovdingmi?
— Uzunquloq gaplarni sal-pal eshitganday boʻluvdim.
— Eshitganday boʻluvdingmi, a? Zoʻrsan-ku? Choʻtal-chi, kimga beryapsan?
— Hech kimga. Atalganga xiyonat qilmay toʻplab qoʻyganman.
— Tuzuksan. Toʻplaganlaringni kechga qolmay anavi akangga olib kelib berasan, — Kesakpolvon shunday deb eshik tomonda turgan Qozini koʻrsatdi. — Bu gʻilayga oʻxshagan gadoy emas, choʻtal ber, deb oldingga bormaydi. Vaqtida oʻzing kelib turasan.
— Xoʻp boʻladi, shunday qilganim aslida durust.
— Yangi uyni kimdan sotib olganingni bilasanmi?
— Bir beva ekan, eri qamoqda oʻlibdi...
— Oʻsha qamoqda oʻlgan bizning odamimiz edi. Sen koʻchib kirmoqchi boʻlgan uyni Bek akang qurdirayotuvdi. Sen uni zoʻrlab olibsan!
— Astagʻfirulloh! Xudo saqlasin, unday emas.
— Bir ish qilsang, seni Xudo saqlaydi. Boʻlmasam choʻtal bergan akalaring bilan achomlashib yotasan.
— Nima qilay, ayting.
— Uyning xat-hujjatlarini toʻgʻirladingmi?
— Hali toʻla boʻlgani yoʻq.
— Gap shu: uy egasida qoladi. Ularni shu hafta ichi oʻzing koʻchirib qoʻyasan. Ha, yaxshi niyat bilan eski uyni buzib, yangisini qurishni boshlabsan, a? Endi, xoʻja, savob qilsang butun qil, shu ishni oʻzing oxiriga yetkazib qoʻy, Bek akangni bi-ir quvontirgin... Ha, agar anavi beva xotin gʻidi-bidi qilsa, Sharif akaxonimdan qarzim bor edi, deysanmi, xullas, bir nima deb tinchitasan. Xoʻsh, nega jim qolding, ish pishdimi?

Ma’murxoʻja ichidan qirindi oʻtayotgan boʻlsa-da, jilmayishga harakat qilib:
— Pishdi, akaxon, pishdi, — dedi.
— Qani, men bilan ellikta-ellikta olasanmi?
— Siz bilan olish biz uchun baxt akaxon, lekin jigarning sal mazasi qochgan, parhezdamiz.
— Jigardan qoʻrqma, ishdan chiqsa yangisini qoʻydirib beraman. Parhezman, deb yurib yana hez boʻlib qolmagin.

Kesakpolvon boʻsh piyolaga aroq quydi-yu, lekin uzatmay «ol!» degan ma’noda imo qildi. Ma’murxoʻja bu marhamatdan iyib ketganday qulluq qildi-da, bir koʻtarishda piyolani boʻshatdi. Gazak taklif qilinmagani uchun labini chapillatib qoʻya qoldi.
— Ha, oʻgʻil bola! — dedi Kesakpolvon uni erkalaganday.

Ma’murxoʻja hozir hovli-joyini shu bir piyola aroqqa almashganday edi. Agar shayton yoʻldan urib shu fikrini Kesakpolvonga aytsami, u shubhasiz «Yoʻq, akasi jonidan, sen uyni oʻzingning, bola-chaqangning joni evaziga beryapsan», degan boʻlardi.

Kesakpolvon oʻljasining vujudini qanday gʻam-alam kuydirayotganini bilib turardi. Uning tilidan kamdan-kam hollarda «Xudoga shukr» degan kalima uchardi. Agar koʻnglida Yaratganga shukronalik tugʻilsa, birinchi galda bergan boyligi uchun emas, balki bu dunyoda qoʻrqoqlarni yaratgani uchun aytish kerak edi. Qoʻrqib-qoʻrqib toʻplangan boylik qushi qoʻrquv tufayli qoʻldan uchardi.
— Endi sen boraver, — deb marhamat qildi Kesakpolvon. — Moldan ayrildim, deb iching ketmasin. Bola-chaqangning bosh-koʻzidan sadaqa. Sadaqa qilib turish kerak-ku, toʻgʻrimi?
— Achingan nomard, akaxon, menga buyurmagan ekan, egasiga buyursin.
— Vey, gʻirt oʻgʻil bola ekansan, menga yoqding! — dedi Kesakpolvon suygan otaning mehrli ovozi bilan. Keyin piyolaga yana aroq quydi: — Juft qilib keta qol. Sen xoʻja, boshqa bir imorat sol, uy toʻyingga oʻzim toy yasatib boraman. Otarchilarning xoʻrrozi ham mening boʻynimga. Qani, qoʻlni tashla!

Qoʻl tashlandi. Aroq ichildi. Uy qoʻldan ketdi. Jon foydaga qoldi.

Ma’murxoʻja koʻchaga chiqqach, chuqur-chuqur nafas oldi. Avvaliga xoʻrligi keldi. Keyin boshi-koʻzidan qilingan sadaqa evaziga jonlari omon qolganidan shukr qildi.

Kesakpolvon Asadbekning soʻnggi buyrugʻini shu tarzda, oʻzining nomini oʻrtaga qoʻyib, xamirdan qil sugʻurganday oson hal etdi. «Bu ishdan rahmat kelsa ham, la’nat kelsa ham Asadning oʻziga uraveradi», deb oʻyladi u Ma’murxoʻja chiqib ketgach.

Ishni oson hal qilgani bilan Selimning huzurida boshlagan koʻngilgʻashligi tarqamadi. Bolaligi yetimlikda oʻtgan bu odam shu kunga kelib, yonidagi eng yaqinlaridan ajrab yana yetim holiga tushganini anglay boshladi. Chuvrindining oʻlimi, Asadbekning undan uzoqlashuvi uni yolgʻizlik sahrosiga hukm etdi. «Asadbekni men odam qilganman», deb yuruvchi odam Asadbeksiz yashashi qiyinligini bila borgani sayin bu haqiqatni tan olmaslikka tirishardi.

Qozi koʻtarib kirgan bir lagan moshkichirining hidi ishtahasini qitiqlab uygʻotdi. Uch-toʻrt qoshiq yegach:
— Dum solmadingmi? — deb soʻradi.

Bu tanbehni eshitgan Qozi ogʻzidagi luqmani chaynashni ham, yutishni ham bilmay, baqrayib qoldi. «Xoʻjayin, oʻtgan safar «kallang bormi, moshkichiriga ham dum soladimi?» deb urushuvdingiz-ku?» deya olmadi. Chala chaynalgan luqmani yutib:
— Bozorda tuzukrogʻi uchramadi, — deb qoʻya qoldi.
— Ogʻzingga pashsha qoʻndirib yotsang, senga yaxshisini oldirib qoʻyishadi, — Kesakpolvonning bu tanbehi javobsiz qoldi.

Shoir «Har nimaga gʻam yema — gʻam koʻp durur, aysh birla oʻzni ovutmoq kerak», degan ekan. Garchi Kesakpolvon shoirning bu hikmatidan bexabar boʻlsa-da, oʻzni ovutmoq chorasini izladi. Oʻylay-oʻylay bu farogʻatni Oysanamning qoʻynida koʻrish mumkin, degan qarorga keldi. Oysanamdan yosh, undan chiroyli va ishvalilarga emas, aynan unga koʻngli chopaverishidan oʻzi ham ajablandi.

XVIII bob

1

«Faraon, sen va’dangda turmading» — dedi «Qassob» xuddi ajdaho kabi ogʻzidan oʻt purkab.

Bu oʻt mayor Solievning yuziga urilib, haroratidan nafasi qaytdi.

«Oʻlimingga men aybdor emasman,— dedi Soliev,— Oʻzing hukm chiqarib, oʻzing ijro etding. Taslim boʻlganingda boshingga bu koʻrgulik tushmas edi».

«Tirik qolarmidim?» — deb soʻradi «Qassob» yana oʻt purkab.

«Hech boʻlmasa yana bir-ikki oy yasharding».

«Oʻlimni kutib yashashning qanchalik ogʻir ekanini sen bilmaysan. Men oʻzimning qismatimni yengillatdim. Seni esa oʻlimni kutib yotishga hukm qildim. Istasang, bu koʻrgulikdan ozod qilaman».

«Qassob» shunday deb oʻt purkashdan toʻxtamay, unga yaqinlashdi. Bu harorat Solievning butun vujudini kuydirib, boʻgʻila boshladi. Koʻkragida sanchiq turib, seskanganicha koʻzlarini ochdi. Yaqindagina hamshira bilak tomiriga igna sanchib, tomgich dorini qoʻygan edi. Kasalxonada hushiga kelganidan beri koʻrgani — shu tomgich dori. Chalqanchasiga yotganicha dori tomchilariga tikiladi. Ba’zan shu tomchilar uning bekatda uchib chiqib ketgan jonini asta-asta qaytarayotganday tuyuladi. Kayfiyati tushkunlik toʻriga oʻralganida esa bu tomchilar xuddi yorugʻ dunyoda qolgan kunlarini bir-bir sanayotganday boʻladi. Hozir ham shunday boshlandi. Xayolini chalgʻitish uchun tomchilarni sanab yotib, koʻzlariga uyqu ilinibdi. Koʻzlari uyquda boʻlsa ham daxlizdagi ovozlarni eshitib turardi. Ana shu holda tush koʻribdi. Tushida «Qassob»ning «onamni oʻldirishga va’da bergan eding, nega va’dangni bajarmaysan?» deb da’vo qilaverishi gʻalati edi. Nazarida bekatdagi voqeadan soʻng shu yoshga yetguniga qadar koʻrgan-kechirganlarining hammasini unutgan, xotirasida faqat «Qas-sob»gina qolganday edi. Soliev dastlab bu xotiradan qutulishga urinib ham koʻrdi. Lekin bu odamxoʻr odamning turqini koʻz oldidan xayday olmagach, «buning shifosi — vaqt, bora-bora xayolimdan chiqadi», deb oʻzini ovutdi. U faqat bir narsaga tushuna olmas edi. «Qassob» undan onasini oʻldirishni emas, oʻzini odamga oʻxshab koʻmdirib, goʻriga but qoʻydirishni iltimos qilgan edi...

Qush uyqusidan uygʻongan Soliev koʻkragidagi sanchiqni, vujudining lovullay boshlaganini oʻtkinchi, deb oʻylab sabr qildi. Keyin hamshiraning «Bu yangi dori, amaki, ozgina chaqadi, agar yoqmasa, darrov ayting», degan gapini eslab, chaqiruv tugmasini bosdi. Hamshira kirdi-yu, Solievning betlaridan qon qochganini koʻriboq, «Nima boʻldi?» deb soʻrab oʻtirmay, ignani shoshilganicha tomirdan sugʻurib oldi. Keyin choynakda sovub qolgan choydan uch-toʻrt hoʻplam quyib, bemorning boshini sal koʻtargach, piyolani bemorning labiga tutdi. Soʻngra «tilingizning tagiga tashlang», deb validol berdi. Hamshira har safar shunday ta’kidlayvergani uchun avvalgi kuni Soliev hazillashib «validolni tilning ustiga tashlasa nima qiladi?» deb soʻraganida, u hazilni anglamay, buning sira-sira mumkin emasligini erinmasdan tushuntirgan, shundan ke-yin Soliev «hazilni ham eplay olmay qolibman», deb oʻkingan edi. Hozir oʻsha hazilni eslab, hamshirani xijolatdan qutqarish uchun kulimsirab qoʻydi. Bu kulimsirash hamshiraga chindan ham dalda boʻlib, dori idishlarini koʻtarib chiqib ketdi.

«Tomirlarim qonga emas, shu dorilarga toʻldi,— deb oʻyladi Soliev.— Endi doriga joy ham qolmabdi...»

Ikki kun oldin Hamdam Tolipov kelganida Solievga oʻrindan turib xonada yurishga ijozat berilgandi. «Toʻshakning changalidan qutuldimmi, endi Azroilga boʻyin egish yoʻq», deb oʻzining koʻnglini koʻtargan Soliev Hamdam bilan anchagina gaplashib oʻtirgan edi. Odamlar bilan suhbatlashishga usta Hamdam bekatdagi voqeadan gap ochmaslikka, kasallik haqida, tuzalib chiqqanda kutilayotgan nogironlik nafaqasi haqida soʻzlashmaslikka intildi. Soliev bular haqda gap boshlashi bilan chalgʻitib yuboraverdi. Shunga qaramay, Soliev muddaosini aytdi:
— «Qassob»ning murdasi nima qilingan, bilib qoʻygin, kuydirilganmi yo koʻmilganmi?
— Buning nima ahamiyati bor?
— Koʻmilgan boʻlsa qabriga but qoʻyish kerak edi.
— Foydasi bor ekanmi?
— Shundan umid qiluvdi... — Soliev «va’da beruvdim», deyishga istihola qilib shunday deya qoldi.
— Foydasi yoʻq, — dedi Hamdam, — but Xudoga ishonganlarga qoʻyiladi. Bunaqa odamlarda din degan narsa boʻlmaydi.
— Qahring qattiq-da sening... — dedi Soliev tanbeh ohangida.

Hamdam Tolipov gapni ortiqcha choʻzmaslik maqsadida «Na iloj, turgan-bitganim shu mening», deganday yelka qisib jilmaydi.

Soliev istagini unga aytganidan afsuslanib, «Zohid boʻlganida meni tushunardi», deb oʻziga oʻzi tanbeh berdi.

Oradan ikki kun oʻtib, Zohid yoʻqlab kelganida shu istagini unga aytdi. Zohid Hamdamga oʻxshab darrov qayirib tashlamadi. Bir oz oʻylangandek boʻldi-da:
— Siz buni oʻylamang, tezroq tuzalib chiqishning harakatini qiling, — dedi.
— Istagimning salomatligimga hech bir daxli yoʻq. Ochigʻini aytaver, iltimosimni bajarging kelmayaptimi?

Zohid ustozining ranjiganini sezib, vaziyatni yumshatish niyatida kulimsiradi.
— Siz aytasizu men yoʻq deymanmi... Lekin...
— Ha, senda ham, Hamdamda ham ana shu «lekin»lar koʻp. Onalaring senlarni ana shu «lekin»lar ustiga tuqqan.
— Boʻpti, «lekin-pekin»siz bajaraman, — dedi Zohid yana kulimsirab.
— Yoʻq, endi «lekin»ing ichingda qolmasin, ayt, men bilay.
— Mening ustozim, — Zohid «ustozim» soʻziga alohida urgʻu berdi, — dono odamlar. Ustozim «Kasbimiz nozik, jinoyatchining oh-vohiga quloq solib, rahming kelsa, unga shafqat koʻzi bilan qarasang, undan jabr koʻrganga xiyonat qilgan boʻlasan», deb qulogʻimga quyganlar.

Oʻzining gaplarini shogirdining tilidan eshitgan Soliev kulimsiragan boʻldi.
— Senlarning quloqlaring ham oʻz foydalaringga ishlaydi. Mening u gapim jinoyatchiga nisbatan aytilgan. Men «odamgarchilikni biratoʻlasi yigʻishtirib qoʻy», demaganman. Menga qara, senam bu kasalimga bekatdagi oʻsha voqea sabab deb oʻylaysanmi?
— Bilmadim... har holda...
— «Har holda»ngni qoʻy. Hamma shunaqa oʻylayapti. «Bombadan qoʻrqib infarkt boʻlgan», deyapti.
— Bunaqa oʻy umuman xayolimga kelmadi, boshqalardan ham eshitmadim. Oʻzingiz ham eshitmagansiz, iltimos, shunaqa gumon qilmang.
— Eshitmagan boʻlsam ham odamlarning koʻnglidan qanday gaplar oʻtishini his etaman. Koʻl tomchilardan toʻplanadimi? Toʻplanib-toʻplanib keyin toʻgʻonni surib tashlaydimi? Mening kasalim ham shunaqa. Toʻgʻri, qoʻrqdim, tan olaman, lekin...
— Keling, boshqa gaplardan gaplashaylik.
— Boshqa gaplarni boshqa odamlar bilan gaplashaman. Hamma ham meni tushunavermaydi. Sen yuragi siqilib qoladi, deb qoʻrqyapsanmi? Yo infarktdan keyin miyasi aynib qolgan, deb oʻylayapsanmi?

Zohid oʻzini oqlash maqsadida e’tiroz bildirgisi kelsa ham sukut saqlashni ma’qul koʻrdi.
— Meni ishimizdagi adolatsizlik yedi. Hali u katta togʻaning, hali bunisining qoʻngʻirogʻi bilan qancha «ish»ni yopganimni sen bilmaysan. Har yopganimda jabr-lanuvchiga xiyonat qildim. Har yopganimda yuragimning bir tomiri uzilaverdi. Buyruq bergan odamni hech kim bilmaydi. «Pora olib, «ish»ni imi-jimida qildi», deb meni qargʻaydi. Men shu qargʻishlarga qoldim.
— Qargʻishlar oʻsha buyruq berganlarga tegadi, — dedi Zohid.
— Yoʻq, — dedi Soliev, qat'iy tarzda. — Ijro- chi — menman. Iymonim ojiz ekanki, boʻysunibman. Odamlar adolatni sevishlari uchun ularga adolatsizlikning oqibatlarini koʻrsatib turish kerak, deb oʻzimni aldab yurdim. Kim aytgani esimda yoʻq, bir donishmand «Adolat kuchli, kuch esa adolatli boʻlishi kerak», degan ekan. Mening ishlarim boshqacharoq boʻldi: kuchsiz adolat va adolatsiz kuch — ikki dahshat murosa qildi. Sening ham boshingdan oʻtyapti bu. Lekin bu dahshatlarning ham oʻladigan kuni bordir, a? Biz eng katta rahbarning turli toifalarini koʻrdik. «Xoʻja-yin bizni gipnoz qilib qoʻydi», deganini ham, «janjal qulupnaydan chiqdi» deganini ham koʻrdik. Hozirgi yangimiz boshqacha emish. Kecha yuqoriga taalluqli oshnam kelib umidli gaplarni aytdi. Qaysi bir majlisda kattamiz vazirimizni tik turgʻazib qoʻyib: «odamlarning osoyishtaligini ta’minlay olasizmi, jinoyatchiga «jinoyatchisan!» deb dadil ayta olasizmi?» deganmish. Ishimiz shu tomonga burilaversa sen bilan biz adolat nimaligini koʻrarkanmiz.

Bunday gaplarni Zohid ham eshitayotgandi. Ustozining gapidan uning koʻngliga ham umid quyoshi moʻraladi.

Soliev sal hovuridan tushgach, Zohidning ishlarini soʻrab-surishtirdi. Zohidning bayonini, taxminlarini eshitib, soʻz qoʻshmadi, savol bermadi. Oysanamning uyini kuzatayotgan xizmatchi bugun ertalab bir xabar yetkazgan edi. Zohid shuni aytganida Soliev picha oʻylab qoldi-da, soʻng soʻradi:
— Kesakpolvonligi aniqmi?
— Agar Haydar Asrorov Kesakpolvon boʻlsa, oʻshaligi aniq.
— Nimaga borishi mumkin?
— Erkaeva juda goʻzal juvon.
— Goʻzal boʻlishi mumkin. Lekin oʻn olti yoshlilar bilan maishat qiladigan odam chiroyga emas, yoshga qaraydi,— Soliev yana ozgina oʻylab, qoʻshib qoʻydi: — Yana kim biladi, koʻngilning qoidasi yoʻq. Unda... zanjir yana Asadbek atrofida bogʻlanyaptimi?
— Shunaqaga oʻxshaydi.
— Unda yana «ishni yop!» deb buyruq berilmasmikin? Sen anavi kavkazliklar bilan keyin qiziqmading, a? Nima edi, Petrashvilimi? U Leningraddagi qamoqda oʻtirib buyurtma boʻyicha odamlarni oʻldirib beravergan. Kamida yettita qotillik oʻshaning boʻynida ketdi. Oʻylab topishganini qara, besh-olti soatga chiqarishadi, buyurtmani bajarib qaytgach, yana qamoqning shoʻrvasini ichib oʻtiraveradi. Meni hayron qoldirgan narsa — uning bu tomonlarga tashlanishi. Nega tashlashdi? Nega oʻldirtirib yuborishdi? Ularning arzimagan ishga koʻnishi ham taajjubli.

Zohid «salomlashamanu chiqaman», degan va’da bilan kirgan edi. Hamshira eshikni ochib, «salomlashish» yarim soatdan oshganini aytgach, gapni uzishga toʻgʻri keldi. Petrashvilining taqdiri hozirgi ishlarga aloqasiz boʻlgani uchun Zohid u qadar e’tibor bermadi. Holbuki, Soliev bu voqeani bekorga eslamagan edi. «Surishtirib koʻr, balki bu atrofdagi qamoqxonalarda ham shunaqa odam oʻldirib beradiganlar bordir», demoqchi edi. Gapning tagidagi gap ma’nosini Zohid tushunmadi.

2

Daryo yoqasida turib, suv ostidagi qumning miqdorini aniqlash mumkinmi? Shunga oʻxshash, Zohid shaytanat olamini koʻrib tursa-da, uning jinoyatlarini boʻyniga qoʻyib isbot etmoqqa ojiz edi. Zohid ruhini azob iskanjasiga olayotgan ham aynan shu edi. Donishmand deb ekanki, «Ya Tangrim, sen mendan «huzurimga qanday amallar bilan kelding?» deb soʻraysanmi? Undan koʻra «Ey bandam, sen qilgan gunohlar mahshar maydoniga sigʻadimi?» deb soʻraganing ma’qulroqmasmi?» Aslida bu savolni iymon koʻchasidan oʻtmayotgan bandalarining bermogʻi joiz. Afsuskim, ularning noqis xayollariga bunday hikmat kelmaydi. Kelganda edi, gunohlari evaziga olajak jazolaridan qoʻrqib, yaxshilik xulqini odat qilar edilar. Mahshar maydoniga sigʻmovchi gunohlarni koʻrib, bilib turgan Zohid ojizligidan siqilsa-da, bugun boʻlmasa ertaga muddaosiga yetish niyati bilan yashardi.

Mirkarimovning oʻlimiga doir gumonlar zanjirining bir uchi Oysanamga, ikkinchisi Zaripovaga bogʻlanib turganida Kesakpolvonning paydo boʻlib qolishi zanjirni asosan Oysanam atrofida mahkamlashga ehtiyoj tugʻdirdi. Zohid eng avvalo jasad suvga tashlanishdan avval koʻmib qoʻyilgan joyni aniqlashga asosiy e’tiborini qarata boshladi: «Mirkarimov qaerga koʻmilgan boʻlishi mumkin? Koʻmilgan oʻlikni nima uchun qazib olishib, suvga tashlashdi? Bir narsadan qoʻrqishdimi?» Masala shu nuqtaga taqalganda Zohid «Asadbeklar oʻldirtirishgan», degan gumondan chekinardi. Uning nazarida Asadbekning odamlari bunday xom ish qilishmaydi. Ular oʻlikni biron eski goʻrga tiqib qoʻya qolishadi, yoki biron bir merovning boʻyniga ilvorishadi yoinki qalqib, yuzaga chiqmaydigan qilib choʻktirishadi. Uning fikricha, bu ishni jinoyat olamiga endigina qadam bosgan tajribasiz odam qilgan. Odam oʻldirish aytishgagina oson. Birinchi marta oʻzganing jonini olgan odam ma’lum muddat telbaga oʻxshab talmovsirab yuradi. Xuddi murda ta’qib qilayotganday oʻzining soyasidan ham choʻchiydi. Bunday qotillarning qoʻlga tushishi oson. Qiynalib yura-yura ba’zan oʻzlari bosh egib keladilar. Ba’zan esa odam oʻldirilgan joyga beixtiyor ravishda kelaveradilar, kelaveradilar... Mirkarimov oʻldirilgandan beri ancha vaqt oʻtdi. Qotil avvaliga qoʻrqqan boʻlsa ham, endi oʻzini bosib olganligi aniq.

Zohid avvaliga Oysanamdan mutlaqo gumonsiramagan edi. Uning akasiga qoʻshilib yolgʻon guvohlik berishi gumonning uygʻonishiga sabab boʻldi. Dastlab kibr bilan kutib olib, soʻng «akamni qoʻyib yuboring», degan talab bilan kelishi ham Zohidning diqqatidan chetda qolmadi. Keyingi soʻroqlardan soʻng Zohidning roʻparasida ajib surat paydo boʻlgan edi:

...bir-biridan goʻzal ikki juvon.

...biri qonuniy xotin.

...ikkinchisi... «oʻynash» degan soʻzni tan olgisi yoʻq. U — boʻlajak xotin.

...birining yonida akasi, ikkinchisining qanotida ukasi...

Juvonlarning oʻzlari Mirkarimovni oʻldirishmas. Aka yoki uka-chi?

Agar Mirkarimov chindan ham Zaripovanikiga kelgan, shu uyda oʻldirilgan boʻlsa, qaerga koʻmish mumkin? Koʻp qavatli uylarining hovlisida bu ishni qilib boʻlmaydi. Murdani butunicha olib chiqib ketishning ham iloji yoʻq. Imkon boʻlgan taqdirda ham uzoqroq yerga olib borib koʻmilsa, yana kavlab olishga hojat boʻlarmikin? U holda... oʻz uyida oʻldirilganmi, oʻz hovlisiga koʻmilganmi?

Oysanam Erkaevaning uyiga Zohidni shu muammo olib keldi. Uni soʻraydigan muhim gapi yoʻq edi. Hovliga kirgach, atrofga oʻgʻrincha, ammo sinchkov nazar tashladi. Uningcha hovlining biron-bir yerida, biron bir daraxtning atrofida choʻkkan joy boʻlishi kerak edi. Oysanam uning yugurik nazaridan xavotirlanib, chalgʻitish maqsadida:
— Xoʻjayinim bogʻni yaxshi koʻrardilar. Shu daraxtlarning hammasini oʻz qoʻllari bilan ekkanlar, — deb qoʻydi.

Zohid, oʻgʻrincha qarashi oshkor boʻlganini fahmlab, oʻzini sal noqulay sezdi, biroq, sir boy bermaslik maqsadida, diqqatini aynan shu daraxtlar tortganday koʻrsatish uchun juvonning gapini davom ettirgan boʻldi:
— Didlari zoʻr ekan...

Zohidning Oysanam bilan boʻlgan suhbati eski savol-javobdan iborat boʻldi. Zohidning xabar yetkazilgan vaqt haqidagi savolidan soʻng yana «Vinni-pux» multfilmi tilga olindi. Zohid ortiqcha maydalamay, suhbatni tezda yakunlab, iziga qaytdi. Oysanam esa bu qisqa tashrifdan muddao ne ekanini anglamay, gangidi.

3

Prokuratura tergovchisi kelib-ketmasidan oldin Oysanamning mahzun koʻngli tor qafasda nola qilayotgan qush kabi edi. Gʻam-alamlardan forigʻ boʻlarmikinman, deb xorij safarini orzu qilgan edi, bu ham chippakka chiqdi. Hamma uchun yoʻl ochiq boʻlgan Yaponiyaga borib-kelishga ijozat berilmadi. «Hujjatlaringizda chalkashlik bor ekan», deyishdi-ku, biroq, bu chalkashlik aynan nimadan iborat ekani tushuntirilmadi. Ular izoh berishmasa ham Oysanam bu monelikni erining oʻlimi bilan bogʻladi.

Koʻnglining mahzunlik toʻrida nola chekishiga yana bir sabab bor edi. U Kesakpolvonning maslahati bilan prokuraturaga bordi-yu, qaytib chiqishining oʻzidayoq adashganini fahmladi. Akasi qamoqqa olingani-da uyga kelishib tintuv qilishgan edi. Yangasining muhtojlikda yashamasligi bularga oyday ravshan ekanini hisobga olmagan ekan. Oysanam bu tergovchi ham borib tanishar, degan fikrda prokuraturadan chiqib akasinikiga yoʻl oldi. Koʻzga tashlanishi mumkin boʻlgan qimmatli jihozlar yigʻishtirilib, qudaxolanikiga joʻnatildi. Oysanam avvalgi kelganida yangasi «Erim sening eringning kasriga qoldi, bekordan bekorga azob chekib oʻtiribdi», degan ma’noda gʻishava qilgan edi. Oysanam «Senlar mening erimning soyasida yayrab yashadinglar», degan gap bilan uzib-uzib olmoqchi edi, lekin kichik gʻalva katta janjalga aylanib ketmasin deb tilini tiygan edi. Bu safar ham yangasining mingʻir-mingʻirlari pichoqqa aylanib, suyakka qadalsa-da, chidadi.

Akasinikidan qaytgandan keyin koʻchaga chiqishlardan bezib, oʻzini oʻzi uy qamogʻiga hukm etdi. Hatto non doʻkoniga chiqishga ham oyogʻi tortmay, qoʻshni bolalarni ishga soldi.

Erining oʻlimidan soʻng nazarida bu uy ogʻzi ochiq ajdahoga oʻxshab qolgan edi. Ayniqsa shom qorongʻuligini yurak hadigi bilan qarshilardi. Xonadonga mavjud barcha chiroqlarni yoqib qoʻysa-da, qorongʻulik qoʻrquvi chekinmasdi. Onasi kelib tursa ham, oʻzi onasinikiga borganida ham bu ahvol oʻzgarmas edi. Qorongʻulik goʻyo goʻrdagi erini uygʻotardi. Hayotligida xoʻrsinmagan eri oʻlganidan keyin kelib har tun xoʻrsinardi. Oysanamning uyqusi kelsa-da, uxlolmasdi. Shirin uyqudagi oʻgʻliga tikilib oʻtiraverardi.

Bu uyda yashay olmasligini bilib, sotishga qaror qildi, biroq, erining oʻlimiga taalluqli ish bir yoqlik boʻlmaguniga qadar qarorini amalga oshirishni keyinga surdi.

Kecha, dunyo koʻzlariga qorongʻu va tor koʻrinayotgan damda Kesakpolvon kelib, koʻngli yanada xufton boʻldi. Kesakpolvon avvalgi safar muddaosiga yetolmagach, uni haqorat qilib chiqib ketgan edi. Oysanam bu xorlikka chidolmay yigʻlagan, soʻng «soʻkib, yuragini boʻshatib oldi, endi daf boʻladi», degan xayolda oʻzini oʻzi ovutgan edi. Kesakpolvonning yana kirib kelishi uni ogʻir ahvolga soldi. Kesakpolvon oʻzini mehmon emas, uy xoʻjasi kabi tutib, avvaliga choy buyurdi, soʻng konyak soʻradi. Aytganlari muhayyo boʻlgach, juvonga yonidan joy koʻrsatdi. Ikkinchi qadahni uzatib, ichishni amr etdi. Oysanam ichmas ham, ayrim zamonaviy ayollarga qoʻshilib, chekmas ham edi. Qaysi bir ziyofatda oʻsha oʻzlarini madaniyatli sanagan xonimlar davrasida sigaret tutilganda u olmagan, «voy, qanaqasiz, chekmaysizmi?» degan tanbehli savolga «yaqinda tashlaganman», deb javob berib qutulgan edi. Hozir Kesakpolvonga bunday deya olmasdi. Shu sababli qadahni olib, labiga tekkizib qoʻydi. Kesakpolvonning shilqimligi boshlangach, koʻkragidan itarib, oʻrnidan turib ketdi. Bu safar ham quruq qaytishini anglagan Kesakpolvon yana tiliga erk berdi. Avval Oysanamning oʻzini balchiqqa bulgʻab tashladi, keyin «ering unday edi, bunday edi», deb tiliga kelganini qaytarmadi. Bu gaplar orasida Oysanamga yangilik boʻlgani — erining taksoparkda katta xatoga yoʻl qoʻyib Bek akasi oldida gunohga botgani, Kesakpolvonning mehri-oqibati tufayli afv etilgani, yana aynan Kesakpolvon marhamati bilan Hosilboyvachcha qoʻlidagi zavodning olib berilgani edi. Bu marhamatlar «Mavlonning chiroyli qoshu koʻzlari uchun» emas, balki Oysanamga boʻlgan ishqu muhabbati tufayli ekani ham shu haqoratlar orasida ma’lum boʻldi. Kesakpolvonning ketar chogʻida «Aslida oʻzing ham eringning yonida chirishing kerak», degani juvonga hukm kabi eshitilib, oyoq-qoʻllari boʻshashib ketdi. Dastlab oʻzining joni koʻziga koʻrinib, tashvishlangan boʻlsa, keyinroq yana «oʻgʻlimga daf qilsa-ya!» degan fikr uygʻonib, talvasaga tushayozdi. Hatto «nafsing goʻrda chirigur»ni chaqirib, «nafsingni qondir, ammo oʻgʻlimga tegma!» degisi ham keldi. Lekin iffat qudrati qoʻrquv kuchidan baland turdi.

Bugun uyqusiz tundan soʻng picha mizgʻib, tiniqib turganday boʻldi. Nonushta tayyorladi. Bir tishlam non bilan ikki hoʻplam choy bu dunyoda tirik yashab yurmoq uchun kifoya qiladiganday, tomogʻidan boshqa hech nima oʻtmadi. Ba’zan ovunchoqday tuyuluvchi, ba’zan esa yurakni battar siquvchi televizorni yoqdi: zar doʻppi kiygan ashulachi qoʻllarini qovushtirganicha xonish qilardi. Oysanam bunaqa ashulalarni yoqtirmasdi. Oʻchirgisi keldi. Biroq, bir bayt qulogʻiga boshqacha eshitilib, ahdidan qaytdi.

Naylaram, dardu alam

tortmoqdan oʻzga chora yoʻq...

Bu bayt xuddi oʻzining qalbi qa’ridan otilib chiqqanday tuyuldi. Ashulachi unga hamdardday koʻrindi:Bu jahonga kim kelubdurBoʻlmasun baxti qaro...Qoʻshiq dardu alam tortmoqdan oʻzga chorasi qolmagan Oysanamning hasratlarini toʻzitib yubordi. Erining oʻlimidan soʻng oʻzini dunyoda eng baxti qaro ayol deb hisoblayotgan Oysanam ma’sud kunlarining qaytishini juda-juda istardi. Bu istaklarning amalga oshuvi yomgʻir tomchilarini iziga qaytarish kabi ekanini esa fikr qilmasdi.

XIX bob

1

Oʻzbekistonda hukmini oʻtkaza olmagan qish Tomskka koʻchgan ekan. Bu shahar Asadbekni izgʻirin nafasi bilan qarshi oldi. Asadbekni birov rasman kutib olmagan boʻlsa-da, izidan kimningdir poylayotganini his etdi. Unga qoʻlidagi suratlar yoʻl koʻrsatib, avval mehmonxonaga bordi. «Bugun mehmonxonamizda joy yoʻq» degan e’lon osib qoʻyilganiga qaramay, Asadbekka eng shinam xona tegdi. Uning ixtiyorida bir necha soatcha vaqt bor edi, ozgina dam olib, soʻng kerakli odamlar bilan uchrashib, tongda esa shu uchoqning oʻzida iziga qaytmogʻi zarur edi. Yuvinib, bir oz yotgan boʻldi. Ke-yin koʻchaga chiqib, yoʻlovchi mashina yolladi-da, suratda aks etgan koʻchadagi uyni moʻl bordi. Chamasi oʻn besh daqiqa uy atrofida yurdi. «Suratga ishonib, adashgandirman», deb xayol qila boshlaganida toʻr xaltasiga ikki shisha qatiq, bitta non solib olgan qariya unga yaqinlashdi-da: «Sartaroshxonaning roʻparasidagi oq «nol toʻqqiz»ni koʻryapsanmi, seni oʻsha yerda kutishyapti», deb nari ketdi. Asadbekka bu ehtiyot chorasi malol keldi. «Balabuxa zoʻr boʻlsa oʻzining shahrida ham soyasidan qoʻrqadimi?» deb mashinasi sari yurdi. Koʻchani kesib oʻtayotganida mashina motori oʻt oldirildi. Old oʻrindiqdagi yigit qimirlamagani sababli Asadbek orqa eshikni oʻzi ochib, indamay oʻtirdi. Mashina qoʻzgʻolib, nari ketgach, haydovchi ham, yonidagi yigit ham orqasiga oʻgirilmay salom berdilar. Ularning bu qiliqlari Asadbekka yanada malol keldi. Ular salomdan nariga oʻtishmadi, Asadbek ham gapga tutmadi.

Asadbekni shahar tashqarisidagi qarorgohda kutishayotgan edi. Kozlov salom-alikdan soʻng Balabuxani tanishtirdi-da, Asadbekning gʻashini keltirgan ehtiyot chorasi uchun uzr soʻradi.
— Biz bilan aloqa oʻrnatganingni hozircha birov bilmagani ma’qul, — deb izoh berdi Balabuxa.

Kozlov oilasini panohiga olgani uchun Asadbekka minnatdorlik bildirib, Muhiddin otaning hol-ahvolini soʻradi.
— Uylarini yoqib yuborishibdi, eshitdim, — dedi u. — Ayb menda, u yoqqa bormasligim kerak edi. Sen oqsoqolga uzrimni yetkaz, bu ishlar tinchigach, birinchi galda uylarini qurdirib beraman.
— Shart emas, — dedi Asadbek, — ota endi u yoqqa qaytib bormaydilar.
— Baribir uzrimni yetkaz. Bizning oʻyinimiz deb yaxshi odamlar jabr chekmasliklari kerak. Oxirgi vagonni deb ikkalamiz kuyib qoldik, Bek. Uning haqqi toʻlaligicha mening boʻynimda, tiyin-tiyinigacha toʻlayman, xavotir olma. Istasang... oilamni garov sifatida ushlab tur.

Bu gapdan soʻng Asadbek Kozlovni birinchi marta koʻrayotganday qattiq tikildi. Balabuxa esa «Bu taklifga qanday javob boʻlar ekan», degan oʻyda Asadbekka zimdan qarab oʻtirardi.
— Sen esingni yeb qoʻyibsan, Lyosha, — dedi Asadbek Kozlovdan koʻzlarini uzmay. — Agar oilangni shunaqa arzon-garovga qoʻyishingni bilganimda ularni bir soat ham ushlab turmas edim. Garovga qoʻyging bor ekan, Xongireyga berib yuboravermaysanmi? Nima qilarding ularni sarsonlikka giriftor etib.

Asadbekdan aynan shunday tanbeh kutgan Kozlov jilmayib, minnatdorlik sifatida uni asta quchdi.
— Sen haqsan, — dedi Balabuxa. — Hammamiz shunday boʻlishimiz kerak. Pul — topiladigan, yoʻqotiladigan narsa. Oila esa — muqaddas! Mening xotinim, farzandlarim yoʻq. Men yolgʻizman. Shu tufayli oilaning beqiyos darajada muqaddas ekanini men senlardan yaxshiroq bilaman. Bek, men senga qoyilman, chaqiruvimizni toʻgʻri tushunib, manzilni adashmay topib kelding. Tbilisi orqali kelganing ham menga ma’qul boʻldi.

Asadbek Tbilisiga qanday maqsadda kirib oʻtganini tushuntirib oʻtirmadi.
— Aleksey Petrovich bilan maslahatlashib, kuchlarni birlashtirish qaroriga keldik, — dedi Balabuxa.
— Qaysi kuchlarni, nima maqsadda, kimga qarshi?
— Xongireyga qarshi, — Balabuxa «Javobim seni ajablantirdimi?» deganday Asadbekka savolomuz qaradi.

Uning maqsadini anglab turgani uchun ham Asadbek javobdan taajjublanmadi. Qoʻshimcha savol ham bermadi, mezbonning gapini ham boʻlmadi.
— Xongirey qoidani buzib oʻynayapti, — dedi Balabuxa. — Chegaradan chiqaveradigan odam jazolanishi kerak. Sen bizlarga qoʻshilasanmi?

Asadbek Kozlovdan elchi kelib, Tomskka otlanganida Xongireyga taalluqli biron gap chiqishini kutgan edi. Ammo kuchlarning birlashuvi haqidagi gap uning uchun yangilik boʻldi. U fursati kelganda Xongireyni jazolashni istardi, ammo shu kunlarda ochilajak urushga tayyor emasdi, aniqroq aytilsa, bunday istak yoʻq edi unda. «U yoqda Iliko tish qayrayapti, bu yoqda bular. Ikki oʻrtada mening vazifam nima boʻlarkin? Bular bir-birlarining maqsadlaridan xabardormikinlar?» Asadbek Kozlovni yaxshi bilgani, unga ishongani bilan sir aytishni ma’qul koʻrmadi.
— Qaysi kuchlar birlashishi kerak? — deb takror soʻradi Asadbek.
— Men, Aleksey Petrovich va sen. Hozircha shuni bilsang yetarli.
— Menda hozir kuch yoʻq, oʻyindan chiqqanman. Hamma ish sherigimning boʻynida, — dedi Asadbek.
— Haydarmi? — deb ajablandi Kozlov. — Sen unga ishondingmi?
— Unga Xongirey ishondi, shuning oʻzi kifoya.
— Sen adashibsan, — dedi Kozlov.

Asadbek u bilan bahslashishni istamay, xotirjam ravishda:
— Ba’zan adashib turish ham kerak, — deb qoʻydi.
— Ba’zan mumkin, lekin hozir xato qilishga haqqing yoʻq, — dedi Balabuxa.
— Xongirey Haydarga ishongan boʻlsa... demak, sheriging qoradoriga aralashibdi, — dedi Kozlov bir oz oʻychan tarzda, soʻng nimadir esiga tushganday Asadbekka savol berdi: — Halim degani sening yigiting emasmi?

Kozlovning bu savoli Asadbek uchun kutilmagan boʻldi:
— Ha, uning izini yoʻqotib yuruvdim.
— Izini Krasnoyarskdan topasan, — dedi Kozlov ma’nodor ohangda, keyin izoh berdi: — Haliming narkokurer ekanini bilarmiding? Uni militsiyaga roʻpara qilishgan. Militsiya uni mening uyimda kutib, shu yerda qamoqqa olgan. Hozircha u hech kimning nomini tilga olmagan.
— Istasang, biz uni qutqarib olishimiz mumkin,— dedi Balabuxa.
— Yoʻq, istamayman, — dedi Asadbek, — Kim yuborgan boʻlsa, oʻzi qutqaraversin.
— Gaping toʻgʻri, — dedi Balabuxa, — biz qutqarsak, uyga borganida omon qolmaydi. Yaxshisi ozgina chidab oʻtirgani ma’qul. Ular bir oʻq bilan ikki quyonni urishmoqchi. Bittasi — narkokurerni roʻpara qilib, militsiyaning koʻnglini olishdi. Endi bu yogʻi koʻkchi-roq — bemalol kelib ketaverishadi. Ikkinchisi — endi qadrdonimiz Kozlov janoblarini militsiya ham qidiradi. Erta-indin ittifoq qidiruvi e’lon qilinsa men ajablanmayman. Moʻljallari yomon emas, a? Krasnoyarskda «Shurka loʻli» degani bor, eshitganmisan? Qoradoriga ishing tushmagan boʻlsa, uni tanimaysan. Uning butun urugʻ-aymogʻi yaralganidan beri ot oʻgʻrisi boʻlgan. Bobosi Kolchakdan ot oʻgʻirlab qizillarga sotarkan, qizillardan oʻmarib, kolchakchilarga pullarkan. Oxiri Kolchakning qoʻliga tushib osilgan ekan. Krasnoyarskda grajdanlar urushi qahramoni Makar Kvasov nomidagi koʻcha bor. Makar — Shurka loʻlining oʻsha oʻgʻri bobosi. Bir yumalab qahramonga aylangan. Shurka loʻli ham bir yumalab ot oʻgʻrisidan «narkobaron»ga aylandi-qoʻydi. Alekseyning ildiziga aslida oʻsha bolta urdi. Men koʻp aytdim, loʻli bilan pachakilashma, dedim. Xongireyning ishi endi shu bilan pishyapti. Sening sheriging ham shu zanjirning bir halqasi. Oʻyindan chiqdim, deb xomtama boʻlma, bizning ishimizda faqat oʻlgan odam oʻyindan chiqadi. Odam yoʻqmi, demak, muammo ham yoʻq. Sel kelsa, barchani baravar olib ketadi. Bu kishi oʻyinda yoʻqlar, deb oʻzanni oʻzgartirmaydi. Sen taklifimizga hozir javob berma. Oʻylashing uchun fursat yetarli. Biz — oʻgʻrilarmiz, halol odamlarmiz, sen buni yaxshi bilasan. Uyingga qaytganingda senga uchrashgan yigit yana huzuringga kiradi. U Alyoshaning oilasini bu yerga olib kelishi kerak. Sen ehtiyot chorasini qilib qoʻy. Ertalab Tbilisiga uchmoqchimisan? Yaxshi. U yerdan Moskvaga uch. Xongireyning otasi oʻlgan, koʻngil soʻrab qoʻy. Hozir bu ham muhim. Balki... biron nima deb gapidan ilinar. Payti kelganda seni yana yoʻqlaymiz.

Shu bilan ishga doir masalaga yakun yasalib, uchrashuvning ziyofat qismi boshlandi.

2

Moskvaga uchib kelgan Asadbek uyga qaytish chorasini qilib qoʻygach, Xongirey bilan bogʻlandi. Xongirey qadrdonini orziqib kutib, niyatiga yetgan baxtiyor odam ohangida gaplashib, uchrashish niyati borligini, uch soatdan soʻng «Budapesht» restoranida kutajagini bildirdi. Uch soatdan soʻng Asadbek Moskvadan uchib ketishi lozim edi. Xongirey buni bilib turib atay shu soatga belgiladimi yo tasodif boʻldimi — Asadbekka qorongʻu edi. «Barvaqtroq uchrasha qolaylik», deb iltimos qilishni oʻziga ep koʻrmay, koʻndi.

U belgilangan vaqtdan besh daqiqa avval bordi. Xongireyning yigiti uni kutib olib, odamlardan xoli boʻlgan kichik xonaga boshladi. Oʻn kishiga moʻljallangan stol usti did bilan bezatilgan edi. Buni koʻrgan Asadbek «yana boshqa odamlar ham bor ekan-da», deb oʻyladi. Xongirey roppa-rosa bir soat kechikib keldi. Restoran xizmatchisining «nima buyuradilar», deb kirib turgani hisobga olinmaganda Asadbek yolgʻiz oʻtirdi. Xongirey kechikkanining sababini ham aytmadi, uzr ham soʻramadi. Asadbek bilan quchoqlashib, yuzini yuziga bosib omonlashdi-da, oʻtirishga ulgurmay, amrga mahtal turgan xizmatchiga «quy» deb imo qildi. Xizmatchi ikki qadahni toʻldirgach, Asadbekka «gapirasanmi?» deganday qaradi. Asadbek telefonda ta’ziya bildirgan edi, hozir oʻsha gapni takrorladi:
— Otangni xudo rahmat qilsin.
— Ha, albatta. Qani, ol! — Xongirey shunday deb qadahni oldi-da, havolatib choʻqishtirgach, bir koʻtarishda boʻshatdi.

Asadbek Kesakpolvonning «musulmonchiligi bor-da shu yigitning» degan gapini eslab gʻijinib qoʻydi.
— Ichmaysanmi? — dedi Xongirey.
— Bizda ta’ziyaga kelganlar ichishmaydi, — dedi Asadbek.
— Ahmaqona odatlaring koʻp senlarning. Oʻlgan odam oʻlib ketdi, sen tiriklarni oʻyla.
— Xongirey! Oʻzimga tegishli da’volaringni gapirsang gapir, ammo odatlarimizni haqoratlama. Biz — oʻzbeklarmiz, odatlarimizni hamma narsadan ustun koʻramiz. Indamas, moʻ'min ekan, deb boshga chiquvchilar koʻp yanglishishgan.

Asadbekka Xongireyning gapi qanchalik yoqmagan boʻlsa, Xongirey ham uning ayniqsa soʻnggi jumlasidan shunchalik achchiqlandi. Ammo suhbatni asabiy tarzda boshlamaslik uchun sir boy bermadi.
— Men chiroyli gapirishni bilmayman, jon qardosh. Koʻzimga ahmaqona koʻringan narsani ahmaqona deyaveraman.
— Chechenlarda ahmaqona odatlar yoʻqmi?
— Oʻ, qardosh, sen endi maydalashma. Bu biz talashadigan narsa emas. Buni ana, faylasuflarga, shoirlarga qoʻyib ber. Sen meni chechen, oʻzingni oʻzbek deb ajratma, sen bilan mening millatim bir, biz bitta olamning fuqarolarimiz. Farqimiz faqat bir narsada — sen qimorbozsan, men oʻgʻriman!

Xongireyning tilidan uchgan bu soʻzlar haqiqat boʻlsa-da, Asadbek buni tan olgisi kelmadi. Agar Xongirey fikrini davom ettirib «sen bilan mening borar yerim ham bir — doʻzax» deganida Asadbek buni ham tan olgisi kelmas edi. Kimdan eshitgani yodida yoʻq — Jalilmi yo Sobitxonmi, yo boshqasimi, «doʻzax qavat-qavat boʻladi. Odam gunohlarining miqdoriga qarab joylashaveradi», degan edi. Agar doʻzax haqida soʻz ochil-sa Asadbek shubhasiz: «Ey Xudo, doʻzaxga loyiqligimni bilaman, faqat meni bu maraz bilan bir qavatga qoʻymagin, mayli, meni eng tuban, eng azobli qismiga tashlagin, bu itdan tarqagan bilan birga boʻlmasam bas», degan boʻlardi. Agar odamlarga emas, oʻz nafsiga zulm qila olish saodat ekanini bilganida edi, Yaratgandan boshqa narsani soʻrardi, «Ojiz iymonimga quvvat ber, bu olamning fuqaroligidan chiqarib Hidoyat yoʻliga boshla, doʻzaxda u bilan uchrashtirma», deb munojot qilgan boʻlardi. Iymoniga quvvat kirgach esa, «bu birodarimga ham hidoyat ber, uni doʻzaxilardan qilma», deb duolar qilishi mumkin edi. Afsuslarkim, bu kabi duolar unga begona edi... U oʻzini banda sifatida Xongireydan ustun qoʻyadi, zulmdan koʻra shafqatga yaqinlardanman, deb hisoblardi. Vaqtiki kelib, zulm bilan shafqat tarozi pallalariga qoʻyilganda qanday holat yuzaga kelmogʻini tasavvur eta olmasdi. Birovga adolat qilish, boshqasining nohaq sotilgan uyini qaytarib berish savoblari shafqat pallasining ogʻir kelishini ta’minlaydimi yoki yoʻqmi, buni sizu biz bilmaymiz. Bu yolgʻiz Ollohning oʻziga ma’lum.

Hozir esa ikki gunohkor banda bir-biridan nafratlanib oʻtiribdi.— Bek, — dedi Xongirey asosiy maqsadga oʻtib, — sening odaming menga xiyonat qildi. Men juda kattaga tushdim.Asadbek gap Halimjonga taqalganini anglasa ham, tushunmaganday yelka qisdi:
— Qaysi odamim? Qanaqa xiyonat qildi?
— Halim degan odaming bormi? U anqov katta mol bilan qoʻlga tushgan.

Asadbek kulimsiradi.
— Men kulgili gap aytdimmi?
— Agar arava qulasa olib tashlangan eski murvat aybdor boʻladimi yo yangi qoʻyilganimi?

Xongirey oʻzining gapini eslab, gʻijinib qoʻydi.
— Avvalgi uchrashuvimizdan keyin, — dedi Asadbek gapini davom ettirib. — Men butun hokimiyatni, shuning orasida odamlarni ham Haydarga topshirganman. Halimning qayoqqa, qanaqa mol bilan borganini bilmayman.
— Nahot bilmasang? — Xongirey unga kiprik qoqmay tikildi.
— Bilmayman knyaz, bilishni ham istamayman.
— Agar xohlasang u bolani chiqartirib yuboraman.
— Xohlamayman. Bu sening ishing. Sen bilan ish haqida gaplashishni istamayman. Men seni toʻyga taklif etgani kelyatuvdim, yoʻlda otangning oʻlganini eshitdim.
— Kimdan eshitding?
— Anzor «Anakonda»dan.
— Tbilisiga nega bording? Anzorda ishing bormidi?
— Men Anzor bilan hech qachon birga ish qilmaganman. Hozir ham chatogʻim yoʻq. Men Sulikoning bobosini toʻyga aytgani bordim. Ta’ziya ham bildirdim.
— Men toʻying oʻtib ketdi, deb oʻylabman.
— Biz doʻstlarsiz toʻy qilmaymiz.
— Sen meni doʻst deb bilasanmi? — Xongirey zaharli kuldi. — Rahmat, rahmat. Mendan arazlab dushmanga aylangandirsan, deb oʻylovdim.
— Men arazlaydigan yoshdan oʻtganman.
— Umuman, Bek, sen bekorga chetga chiqding. Chin doʻst boʻlib ishlayversak boʻlardi. Sen meni tushunmading. Bobolarimga qilich solganlarning zurriyodini qora dori bilan «siylayman». Senlar ham jabrdiydasanlar-u, ammo senda gʻurur yoʻq.
— Sen hali qilayotgan ishlaringni gʻurur deb oʻylaysanmi?
— Sen-chi? Nima deb oʻylaysan?
— Begunoh odamlarni qirish gʻururga kirmaydi, yovuzlik boʻladi. Sening qoradoring kofirni musulmondan, slavyanni chechendan ajratib oʻtirmaydi. Sen gʻurur deb oʻzingni aldama, menga ham ta’na qilma. Oʻzing soʻrading, endi ochigʻini aytaman, ranjima, sen aytgan gʻurur — oqib keladigan pul, boshqa narsa emas. Pul oqib kelmasa gʻururing ham soʻnadi. Sen adashyapsan, knyaz, oqibati yaxshi boʻlmaydi.
— Hm... oqibatni sen belgilaysanmi?
— Yoʻq.
— Ha yaxshi, koʻramiz. Ochiq gapirganing uchun rahmat. Bu gaping chindan ham doʻstona boʻldi. Men oqibatni sen bilan birga koʻrishni istardim. Mening haqligimni sen ham koʻr. Ungacha oʻlib qolma. Bek, xoʻpmi? Qani, endi toʻying qachon, aytmaysanmi?

Asadbek toʻy kunini aytgach, Xongirey uzun hushtak chalib qoʻydi:
— Oʻsha kuni men Polshada sayr qilib yurgan boʻlaman. Mening amakim Krakovni ozod qilishda halok boʻlgan ekan, otamning vasiyati bilan ketyapman. Se-ning toʻyingga esa... Mamatbey boradi. Ranjima, jon qardosh.

Xongirey oʻrnidan turib, Asadbekni quchdi. Bir ozdan soʻng mehmonni kuzatib qaytgan Mamatbeyni Xongirey norozi qiyofada qarshiladi:
— U toʻy qilyapti. Oʻgʻillari sogʻlomga oʻxshaydi-ku?
— Unchalik emas, men xabar olib turibman. Bir turib, bir yotyapti. Uzoqqa bormaydi, bu yogʻi ishonch-li.
— U ancha dadillashib qolibdi. Menga aql ham oʻrgatdi. Bunga nima deysan?
— Knyaz, u ertaga butunlay sinib, chilparchin boʻlib ketadigan odam.

Mamatbey unga shu tarzda tasalli bermoqchi boʻldi. Bu gaplar Xongireyga tasalli uchun kifoya qilmadi.

Yasatigʻliq dasturxon yasatigʻligʻicha yana mehmon kutardi. Dasturxon Asadbek uchun tuzalmagan, xos mehmonlar endi kelishlari lozim edi. Uchrashuv vaqti ham ular bilan kelishuv asosida belgilanib, Asadbekning «meni yoʻldan qoldirish uchun atay shu soatga chaqirdi», degan gumoni oʻrinsiz edi. Xongirey uning Tbilisiga uchganini eshitgan, biroq, Moskvaga kelib, yoʻqlashini kutmagan edi. Shuning uchun ham Asadbekning soat nechada uchib ketishidan xabarsiz edi. Uning aslida Asadbek bilan suhbatlashishga koʻzi uchib turmovdi.

Faqat oʻyindan chiqqan «Oʻqilon»ning rangi-roʻyini oʻzi bir koʻrib qoʻymoqchi edi. Shu sababli jahli chiqsa ham sir boy bermay, gapni koʻpaytirmay unga ijozat bera qoldi.

Asadbek oʻtirgan mashina shahar hududidan chiqmay turib restoranga Xongirey kutgan mehmonlar kirib kelishdi. Oʻn kishilik joyning teng yarmini Xongirey, Baygildin, Mamatbey va har baloni qaytarishga shay boʻlgan ikki soqchi egalladi. Kutilgan mehmon — Bugay ikki soqchisi bilan kelib, Xongireyning roʻparasiga oʻtirdi. Tashqaridan qaragan odam oʻgʻrilar olamining ikki vakili janjalli masalani hal qilishga toʻplangan, deb oʻylamasdi. Aksincha, quyuq ziyofat ustidagi doʻstlar davrasiga havas qilgan boʻlardi. Davra chinakam ziyofat tarzida boshlanib, ikki soatga yaqin davom etdi. Bir-birlariga yaxshi tilaklar bildirildi, latifalar aytildi. Yaxshi tilaklardan erib ketgan Bugay oʻrnidan turib borib Xongirey bilan quchoqlashib, oʻpishib ham oldi. Yolgʻon lutfu karamlarning uzoq davom etmogʻi mumkin emasdi. Davra sovuy boshlagach, Bugay maqsadga koʻcha qoldi:
— Knyaz, — dedi u ehtirom bilan, — «Orxideya»ni ochayotganimda oʻzing menga oq yoʻl tilagan eding. Men senga oʻxshagan chapdast emasman, noʻnoq oʻgʻriman. Shuning uchun ham ishlarim toshbaqa yurishda ketyapti. Yana sening daldangga muhtoj boʻlib qoldim.

Bugay bu soʻzlarni shunday osoyishta ohangda aytdiki, goʻyo Xongirey «Praga» restoranida oʻtirmaganday, goʻyo Markaziy bank xizmatchisining uyiga bostirib kirmaganday, uni qoʻrqitib olmaganday edi.
— Men Xudoga boʻysunmasligim mumkin, lekin birodarlik qonuniga xiyonat qilmayman. Bizning oramizda muruvvat qilish yoʻq, majburiyat bor. Shuning uchun boʻyniga tasma taqqan oliftalarga oʻxshab min-gʻirlamay, gapning dangalini ayt. Men erkaklar bilan gaplashishni yaxshi koʻraman.
— Chet bilan katta ishni boshlab qoʻyuvdim. Ish bankka taqalib qoldi, sen aralashmasang kuyib qolaman.

Kechagina Xongireyni burdalab tashlashni istayotgan Bugay dardini shunday madaniy tarzda bayon etdi. «Sen tumshugʻingni tiqqaning uchun ishim toʻxtab qoldi, bankdan qarz ololmayapman», deb da’vo qilmadi. Xongirey uning ayyorligiga tan berdi-yu, lekin erkakchasiga «men atay toʻxtatdim, mening ham nafsim bor», demadi.
— Foydani chamalab koʻrdingmi?
— Foyda yomon boʻlmaydi.
— Endi doʻstim, oʻgʻrilikdagi birodarlik boshqa, tijoratdagi sherikchilik oʻzgacha, — dedi Xongirey tagdor ohangda.
— Shartni ayt, — dedi Bugay. Ichida esa «birodarlik haqida gapirgan it senmiding?» deb soʻkindi.
— Shaxsan men birodarlikni hamma narsadan ustun qoʻyaman, — dedi Xongirey xuddi Bugayning xayolidan kechgan gapni oʻqiganday: — Oʻgʻri oʻgʻrini qoʻllagani uchun ham barchaning taqdirini hal etishga qudrati yetadi. Lekin tijoratda sarf-xarajat degan gaplar bor. Menga sening bir tiyining kerakmas.
— Shartni ayt.
— Yigirma foiz.
— Knyaz, unda men ikki barmogʻimni burnimga tiqib qolaman. Mening xarajatlarim koʻp, sen besh foizini ol.
— Bugay, biz bozordagi anqov chayqovchilar emasmiz-ku, men sen uchun xizmat qilaman, kerak boʻlganda himoyamga olaman. Oʻn besh.

Xullas, chet elga chiqariladigan temir evaziga olinguvchi foydaning oʻn foizi Xongireyning choʻntagiga oqadigan boʻldi. Uning roziligi oʻsha kuniyoq bankdagi Mark Abramovichga yetkazilgach, Bugayning ishlari ham yurishib ketdi.

3

Asadbekni Jamshid kutib oldi. Xongirey bilan telefonda gaplashmay turib, uyga qoʻngʻiroq qilgan, borar vaqtini bidirib qoʻygan edi. Oraga restorandagi uchrashuv suqulib kirib, keyingi uchoqda uchishini esa ma’lum qilmagandi. Jamshid salkam toʻrt soat kutgan boʻlsa-da, «Bek aka, kechikib qoldingizmi?» deb soʻramadi. Mashinaga oʻtirishgach, Jamshid odatiga koʻra «Qayoqqa boramiz?» degan ma’noda xojasiga qaradi. Ilgarilari safardan qaytgan Asadbek koʻpincha uyiga emas, idorasiga borardi. U damlarda yonida Chuvrindi boʻlardi... Asadbek Jamshidning qarashidagi savol alomatini oʻqib, oʻsha damlarni esladi. Koʻz oldiga Chuvrindi kelib yuragi bir oz ezildi. Keyin:
— Uyga hayda, — deb buyurdi. Mashina oʻrnidan qoʻzgʻolgach: — Sen toʻgʻri fahmlagan ekansan, Halim Krasnoyarda ekan, — dedi.

«U yoqda nima qilib yuribdi?» deb soʻrab xojasini soʻroqqa tutish odob doirasidan chiqishday tuyulib, Jamshid:
— Uzoq qolib ketdi-ku? — deb qoʻydi.
— Qoʻliga qoradori berib, milisaga roʻpara qilishgan. Hali-beri qaytmaydi, bola.
— Oʻzi mentlardan boʻlsa ham oʻtiribdimi?
— Shunga hayronman. Yo sen adashgansan, yo u yoqda kimligini aytmagan. Balki bu yoqqa qaytib vazifasini oxirigacha yetkazishni moʻljallagandir. Sen ehtiyot boʻlib yur, Endi Haydar akang koʻziga yomon koʻringan bolalarni oʻsha yoqqa roʻpara qilaveradi. Esingda tursin: Krasnoyarda «Shurka loʻli» degan narkobaron bor. Agar mol oʻshaning odamlariga berilishi kerak boʻlsa, tinch borib, tinch kelasan. Undan boshqasi — qopqon. Haydar akangni shu ish yeydi. Lekin ungacha besh-olti bolani nobud qiladi. Sergak boʻlib yur.
— Bek aka, Halimning uyidan xabar olib qoʻyaymi?
— U tomonga sira yaqinlashma, ishing boʻlmasin.

Jamshid «ma’qul» ishorasini qilib bosh irgʻadi. Bir oz yurishgach, yoʻldan koʻz uzib, xojasiga qaradi-da, uning jimib qolganidan foydalanib, hisob berdi:
— Bek aka, aytgan yigitlaringizning kimligini aniqlab qoʻydim.
— Qaysi yigitlar edi?
— Restorandagi... aytuvdingiz-ku, qizlar bahonasida janjal chiqarganlar.
— Ha, ularmi? Xoʻsh?
— Sizning taxminingiz toʻgʻri chiqdi. Fohishalarni roʻpara qilib, tentaklarni kattaga tushirarkan.
— Kim ekan ular?
— Zoʻrining laqabi «Tarzan» ekan. Atrofida yetti-sakkizta itbaliqlari bor.
— Yetti-sakkizta, degin? Zoʻri bilan gaplashdingmi?
— Yoʻq, avval oldingizdan oʻtay dedim.

Bu xabar Asadbekni oʻylantirib qoʻydi: «Bir zoʻr chiqib, yetti-sakkizta yigitning boshini qovushtirgan boʻlsa, yomon emas. Bitta Hosilning oʻrniga yangisi kelibdi. Hozir tizgini tortilmasa, ertaga boshga chiqib olishadi. Kecha restoranda meni tanib, qochib qolishdi, ertaga tap tortmasdan toʻgʻri ustimga bostirib kelishadi-da; «Yoʻldan qoch!» deyishadimi? Men-chi? «Oxirgi nafasim qolganida ham senlarni urib, gardanlaringni sindiraman», deymanmi? Unda bu quruq gapdan kim choʻchiydi?..»
— Sen u bolani menga roʻpara qil, — dedi Asadbek, — oʻtirgan ekanmi, aniqlamadingmi?
— «Tarzan» oʻtirmagan. Otasi kattalardan ekan, har qoʻlga tushganida quruq chiqargan. Otasining mashinasini uch marta olib borib urgan. Bittasida mashina agʻdarilib, toʻrt-besh marta yumalasa ham hech yeri tilinmabdi bu bolaning. Shuning uchun «Tarzan» deb laqab qoʻyishibdi.
— Ninaga oʻtirmaganmi?
— Bu tomondan toza, surishtirdim. Bolalarining ikkitasi qurugʻidan tortar ekan.
— Yaxshi tekshirmabsan. Ikkita bolasi tortsa, oʻzi chetda oʻtirmaydi. Menga roʻpara kelganda koʻzlari javdirab turuvdi. Yana tekshir.
— Xoʻp, — Jamshid bir oz sukut qilgach, yana xojasiga qarab oldi. Asadbek uning nimadandir xavotirdaligini sezdi.
— Gaping ichingda qolmasin, ayt.
— Hozir indamasam, baribir ertami-indin eshitasiz. Qoʻshningiz Qamariddin akaning uyni sotishlari bejiz emas ekan.
— Sen sotishini qaerdan bila qolding?
— Samad bilan gaplashganlarida qulogʻimga chalinuvdi.
— Endi sababini bildingmi?
— Bildim. Qozidan eshitdim.
— Qozidan? — Asadbek yomonlikning nafasini sezib, sergaklandi, — Qani, ochiq aytavergin-chi?
— Qamariddin akaning oʻgʻillari ninaga oʻtirgan ekan.
— Qaysi biri?
— Kenjasi, uylanmagani. Sizning nomingizni sotib, «Bek akamning jiyaniman», deb avtobazaga ishga kirgan ekan. U yerdagi laqmalar bunga ishonib, yangi moshina berishgan ekan, bir haftada urib, majaqlabdi. Boʻshatib yuborishga qoʻrqib, endi eski moshina berib qoʻyishibdi.

«Buni otasi bilmasmidi? Menga boshqacha gapiruvdi?» — deb oʻyladi Asadbek.
— Bola qulogʻigacha qarzga botgan, — deb gapni davom etdi Jamshid.

«Demak, bilgan. Maqsadi uyni sotib boshqa uy olish emas, qarzdan qutulish... Meni nega aldadi? Qoʻrqdimi? Yo uyaldimi?»
— Bugun Qozi ota-bolani choyxonaga chaqirtirgan. Hisob-kitob boʻladi.
— Haydar akang biladimi?
— Ha. Sizning yoʻqligingizda gaplashib olishmoqchi. Bunaqada uy ham ketadi, bola ham ketadi. — Jamshid xojasining oʻyga botganini koʻrib, jim boʻldi, soʻng soʻradi: — Qozixonaga haydaymi?

Asadbek unga yalt etib qaradi, koʻzlari yondi:
— Qozixonada nima bor?! Uyga hayda! — dedi zarda bilan.

Jamshid bu xabarni «agar aralashib, toʻxtatmasangiz, gap aylanib kelib, sizning nomingizni bulgʻaydi», degan ma’noda aytuvdi. Asadbek avvaliga «battar boʻlsin, bularga odamgarchilik qilaman, degan odamning oʻzi ahmoq», deb gʻazablandi. Keyin Jamshid aytolmagan fikr oʻzining xayoliga kelib, jahl oʻtini oʻchirishga urindi. «Menga chiqqani besabab emas. Uncha-buncha boyvachchaning menga qoʻshni boʻlishga yuragi dov bermas. Ayniqsa bunaqa gapdan keyin, birov yaqinlashmaydi. Ha... Haydar olishi mumkin. Olib menga sov-gʻa qiladimi?!» Shu fikrda toʻxtagan Asadbek buyurdi:
— Choyxonaga hayda!

Asadbekning kutilmaganda qozixonaga kirib kelishi qozini ham, Qamariddin, uning oʻgʻlini ham dovdiratib qoʻydi. Da’vogarning esa hushi uchib, talvasaga tushayozdi. Asadbek salomlarga alik oldi-yu, biroq, hech kim bilan qoʻl berib soʻrashmadi. Xona toʻriga ham oʻtmadi. Xojasining istagini fahmlagan Jamshid usti yogʻ dogʻlari bilan «bezalgan» stul ustiga koʻrpacha tashladi-da, poygakka, eshikka yaqin joyga qoʻydi. Asadbek oʻtirishdan avval aybdorlarga, da’vogarga sinchiklab razm soldi. Qamariddin nigohlar toʻqnashuvidan qochib, yerga qaradi. Chap yuzi shilingan oʻgʻli esa nima voqea yuz berayotganini fahmlamayotganday karaxt oʻtirardi. Da’vogarning koʻzlari olma-kesak terardi. «Bek akang kelgunicha yo u yoqli, yo bu yoqli qil bu ishni», degan topshiriqni bajarayotgan Qozi esa ajinadan qoʻrqib ishtonini hoʻl qilib qoʻygan bola kabi soʻppayib qolgan edi. Asadbek oʻtirib «davom etsin», degan ma’noda Jamshidga qaradi. Jamshid bu unsiz buyruqni koʻz qarashi bilan Qoziga yetkazdi.

Qozi avvalgi shashtini yoʻqotgan holda soʻrogʻini davom etdi. Insof yuzasidan qaraganda giyohvand bolaga emas, ota — Qamariddinga rahm-shafqat qilinmogʻi darkor edi. Oʻzi yemay yedirib, oʻzi kiymay kiydirib ulgʻaytirganda, endi rohatini koʻraman, deb umid qilib turganida bu ahvolga tushmogʻi chindan-da achinarli edi. Beayov hukmni kutib turgan Qamaridin alhol alamdan oʻz koʻksiga mushti emas, tosh bilan ursa-da, xumordan chiqmas edi. Aksincha, qoʻshnisi Asadbek gʻazabli koʻzlari bilan qarash oʻrniga kira solib tepkilay boshlaganida ruh azobidan qutulardi. Bundan bir necha daqiqa avval oʻgʻli kaltaklanganida jonholatda himoyaga tashlanib, «bolamni urmanglar, hammasiga men aybdorman», deyishi shunchaki tildan uchgan nola emas, balki qalbning faryodi edi. Agar Asadbek ozgina barvaqt kelib uning bu nolasini eshitganida «Chindan ham aybdor mana shu ota», deb hukm chiqargan boʻlardi.

Qoʻshnisining gʻarib koʻrinishi Asadbekda shafqat uygʻotmadi.

Qimorni tashlagan paytlari bu yerda emas, boshqa joyda Asadbekning shunday qozixonasi boʻlardi. Najot istaganlar iymon mulki gʻarib, nafs mulki toʻla bu goʻshaga umid bilan kelishib ba’zan armon bilan qaytardilar. Iltijoli boqishlar, erkakning koʻz yoshlari, faryodlar, qasamlar... inobatga olinmas, qabul qilinajak hukmga zarracha ta’sir etmas edi. Oʻshanda Asadbek barcha hukmlarini adolatli deb hisoblardi. Bir tomonning quvonishi, ikkinchi tomonning esa qozixona ostonasini hatlab tashqariga chiqishi hamon qargʻay boshlashi esa uni mutlaqo qiziqtirmasdi.

Qoziga qarab oʻtirgan Asadbek oʻzining qozilik damlarini esladi.

Qozi chaynala-chaynala hukmini e’lon qildi:
— Bir haftada pul shu yerda boʻlsin. Bir haftadan bir soat oʻtsa ham kuniga oʻn foiz qoʻshilaveradi. Pul topiladi, bratan, bola topilmaydi, — Qozi «shu hukm yetarlimi?» deganday Asadbekka qaradi. Xojasidan biron ishora boʻlmagach, da’vogarga ham, aybdorlarga ham ketishga ijozat berdi. Ular xayrlashib chiqishayotganda Asadbek da’vogarga qarab: «Sen ketmay poylab tur», dedi.

Uchovlari qolishgach, Qozi «Bek aka, nariga xonada dasturxonimiz bor edi», deb iltifot qildi. Asadbek taklifga javob bermay, unga oʻqrayib qaradi-da:
— Har doim shunaqa xotinchalishlik qilasanmi? — deb jerkib berdi.

Qozi boʻynini qisib, yerga qaradi. U yaqindagina oʻzini burgut, boshqalarni chumchuq his qilib, koʻzlarni choʻqiguday boʻlayotgandi. Bilmadi, kimningdir qar-gʻishi tegdimi, oʻzi patlari yulingan chumchuqqa aylandi-qoldi.
— Nega bir hafta berding?

Qozi avvalgi savoldan keyin sukut saqlay olgan boʻlsa-da, bunisiga javob qaytarishga majbur edi. Faqat xojasining maqsadini fahmlamay gangidi: Asadbek bularga bir hafta kamlik qiladi, demoqchimi yo aksinchami? Javob tilga kelmay turib, savol yanada gʻazabli ohangda takrorlandi.
— Bek aka, sizning hurmatingiz...
— Mening hurmatimmi? Senga bir nima devdimmi? Boshqalarga qanchadan vaqt berarding?
— Har xil... koʻpi bilan uch kun...
— Bularga nega bir hafta berding, ammangning erimidi?
— Bek aka...
— Yana mening hurmatimmi? E, oʻgʻil bola, eplasang qil bu ishni! Bunaqa ishda amma-xola, hurmat-purmat degan gap boʻlmaydi. Haydar akang qani? — Asadbek avvalgi hukmdorlik martabasida turib soʻragani uchun Qozi yana chaynalib qoldi:
— Bilmasam...
— Qozixonani yoplaring, demaganmidim?
— Yopganmiz... Bu... bir boʻlib qoldi-da...
— Undirganingdan keyin qanchasi senga qoladi?
— Toʻrtdan biri.
— Kam-ku, — dedi Jamshid gapga aralashib. — Sendan oldin milisaga borgan-ku?
— Xudo ursin, buni bilmas edim, — dedi Qozi sarosima bilan.
— Borgani aniqmi? — deb soʻradi Asadbek Jamshiddan.
— Aniq. Milisadagilar «hurmatli odamning qoʻsh-nisi ekan, murosa qilib qoʻya qollaring», debdi.
— Milisada bor aql senlarda yoʻq, a? Chaqir anaviningni!

Qozi xojasining amrini bir zumda ado etdi. Da’vogar kirishga ulgurmay, Asadbek uni soʻroqqa tutdi:
— Milisaga borganing rostmi?
— Undirish qiyin boʻlganidan keyin...

Da’vogarning gapi ogʻzida qoldi.
— Men sendan undirish qiyin boʻldimi, deb soʻramadim. Milisaga bordingmi?
— Bordim.
— Bu akang pulning toʻrtdan bir qismini olmoqchimidi? Milisaga borganing uchun endi teng yarmini berasan. Qoidasi shunaqa, oʻgʻil bola. Sen qarz qilgan odam mening eng yaqin qarindoshim, ammamning oʻgay oʻgʻli boʻladi. Mening hurmatim yoʻqmi, qolgan yarmidan ham kechib qoʻya qolmaysanmi?

Asadbek kelmasidan avval qoʻldan ketgan pulni ikki baravar qilib qaytarib olishga yetishay deb turgan da’vogarning tili aylanmay qoldi. «Bek aka, sizning hurmatingiz oldida bu pul sariq chaqa», desa joni omon qoladi, lekin «pul jigar qonidan boʻladi», deganlaridek, bular oʻldirishmasa-da, pulga qoʻshilib jon ham chiqib ketishi hech gapmas.
— Qani, sen soʻrab koʻr-chi,mening gapimga tushunmayapti bu nusxang, — dedi Asadbek Qoziga qa-rab.

Qozi urmadi-ku, lekin urgandan battar qilib turt-di. Da’vogar , bir qalqidi-yu, jonholatda:
— Mayli Bek aka, — deb yubordi. Hartugul joni qattiq ekan, puldan ayrilsa ham qilt etmadi. Ammo koʻz oldi bir oz qorongʻulashdi.
— Puldan osonlikcha kecharkansan, nima qilarding odamlarning boshlarini ogʻritib? Sen u bolani qaerdan tanirding?
— Jiyanim bilan karatega birga qatnashgan ekan.
— Jiyaning ham qoradoridan tortib turadimi?
— Yoʻgʻ-e, Xudo saqlasin.
— Shuncha pulni birdaniga bermagandirsan? Nima uchun hadeb soʻrayveradi, deb oʻylamadingmi?
— Oʻyladim-ku... lekin... hojatini chiqaray devdim.
— Yana qancha bola sendan qarz olib turadi?
— Endi... soʻrab kelishadi... ustiga ozgina qoʻshib beraman. Tirikchiligim hozir shu...
— Sen laqma bolaga oʻxshamayapsan. Kallang yaxshi ishlaydi, a? Koʻzingni olib qochma, menga tik qara. Qara, deyapman! Xoʻsh, men laqmaga oʻxshaymanmi? Yosh bolalarga qoradori uchun pul berib turishingni sezmasam haqiqiy laqma boʻlardim, shunaqami? Shu ishing uchun seni oyogʻingdan osish kerak. Bolalaringning kattasi necha yoshda?
— Bek aka, rahm qiling...
— Yoshini ayt.
— Oʻn ikkida.
— Ha, uch-toʻrt yildan keyin ninaga oʻtirsin, ke-yin bilasan qarz berish qanaqaligini.
— Xudo saqlasin, Bek aka.
— Saqlamaydi! — dedi Asadbek ovozini koʻtarib. — Sendaqalarni saqlashi hecham mumkinmas. Joʻna, tur-qing qursin, koʻzimga koʻrinma! Agar boshqa kasb qilmasang, oʻldim deyaver.

Da’vogar chiqib ketgach, Asadbek oʻrnidan turdida:
— Haydar akangga kelganimni aytib qoʻy, — deb tashqariga chiqdi. Darvozaga yetmay toʻxtab, kuzatib kelayotgan Qoziga qaradi: — Bu qarorni faqat uchalamiz bilamiz. Qoʻshnimga ham indamalaring, uyini sotsa sotsin. Xor boʻlsa, boʻlsin. Shunda boshqalarning koʻzi ochiladi.

Asadbek shu hukm bilan qozixonani tark etdi.
— Bu odam Hosilning sarqitlaridan boʻlishi kerak, bir tekshirib koʻr. Faqat pulni emas, qoradorini ham qarzga beradiganga oʻxshaydi, — Asadbek shunday dedi-yu, ammo xayolidagi fikrini oxirigacha aytmadi. Uningcha agar da’vogar chindan ham Hosilboyvachchaga tegishli boʻlsa, endi Kesakpolvonning qanotidan panoh izlaydi. Balki panoh topishga ulgurgandir, bugungi hisob-kitob ana shu panoh ostida boʻlgandir. U holda bugunmi, ertagami Kesakpolvon oʻrtaga tushadi...

Itining fe’li egasiga ma’lum, deganlaridek, Asadbek bu safar ham yanglishmagan edi. Faqat muddatni belgilashda bir oz xatolikka yoʻl qoʻydi: Kesakpolvon da’vogarning bekordan bekor jabr chekayotganini toʻydan keyin aytdi.

4

Jalil oshnasining buyrugʻiga itoat etib, Muhiddin otani olib keldi. Sibirdagi nomsiz-nishonsiz qabristonda yotgan birodarlarini tashlab kelishi ruhini parchalaganmi yo ota makonning havosiga koʻnikishi qiyin kechdimi, har nechuk u ilgarigidek dadil emasdi. Shunga qaramay, toʻyning daragini eshitib, bahonai uzrini aytib oʻtirmasdan otlana qoldi. Jalil uni toʻgʻri Asadbeknikiga boshlab keldi. Manzura Choʻlponoy bilan Mushtariyni kelinsalomga olib chiqdi. Muhiddin ota xuddi oʻz nabiralarining baxtini koʻ-rayotganday toʻlqinlanib, koʻzlariga yosh oldi-da, duo qildi. Keyin Manzuraga qaradi:
— Rahmatli qaynotangiz «uyga qaytaman, oʻgʻillarimni uylantirib, kelinlarimning qoʻllaridan bir piyoladan choy ichsam butun gʻam-anduhlarim tarqab ketadi», deb ishonardi. Uning bu saodati menga nasib etdi. Olloh birodarimning umrini ham menikiga qoʻshib, nabira kelinlarning salomiga alik olish baxtini ham berdi.

Muhiddin ota shunday degach, tilovat qilib, oʻtganlarning pok ruhlarini esladi. Toʻy tadorigi bilan yurgan aka-uka kuyov toʻralar osh pishgunga qadar kelib, bobolarining qiyomatli birodari bilan quchoqlashib koʻrishdilar.
— Dunyoning ishlari ajabtovur-da, — dedi Muhiddin ota ularni duo qilgach, — rahmatli bobongiz Olmonda yuz ochgan urush zulmidan aziyat chekkan edilar. Sizlar esa unda bilim olmoqdasizlar. Sizlarga bilim berayotganlarning otalari yoki bobolari harb maydonida balki sizning bobongiz bilan toʻqnashgandirlar, bir-birlarini tanimagan, bilmagan holda oʻldirmoq qasdida boʻlgandirlar, vallohi a’lam. Sizlarga koʻz tegmasin. Olloh sizlarni harb maydoniga roʻpara qilmasin...

Muhiddin ota bu gapdan soʻng ularga bobolari haqida soʻzlab berdi.

Palov yeyilib, dasturxonga duo qilingach, Jalil uyga qaytishga izn soʻraganda Muhiddin ota «Men-chi?» deganday unga ajablanib qaradi.
— Bolalar sizga ruxsat beradiganmas, — dedi Jalil otaning maqsadini tushunib.
— Boʻtam qaytganlarida kelarman, — dedi Muhiddin ota.
— Uyda yigitlar bor-ku?
— Ularning yoʻrigʻi boʻlak. Xonadon xojasi boʻlmasa, qolishim durust emas. Men biron mehmonxonada tura turarman.

Bu gapdan Jalil «uyingizga taklif qilmasangiz koʻchada qolmasman», degan ma’noni uqib izza chekdi. Sir boy bermaslik uchun:
— Voy otam, voy otaginamey, — deb kuldi. — Boʻpti ketdik boʻlmasa. Sizni eng zoʻr mehmonxonaga olib boray.

Muhiddin ota uning gapiga ishongan edi. Jalil uyiga boshlab borgach, oʻzining soddaligidan kuldi.

Asadbek Muhiddin otaning kelib, soʻng Jalilnikiga ketib qolganini eshitib, oshnasidan achchiqlan-di. Manzura bir piyola choy ichishga da’vat etsa ham oʻtirmay, Jalilnikiga qarab ketdi. Yoʻlda bozor yaqinida toʻxtashib, Jamshid uchta qogʻozxaltani toʻldirib chiqdi.

Asadbek Muhiddin ota bilan quchoqlashib koʻrishdi, oshnasiga esa qoʻl uchini berdi. Hol-ahvol soʻralgach, kutilmagan shoshqich safar tufayli oʻzi borolmagani uchun uzr soʻradi. Ana shundan keyingina Jalilga qoshlarini chimirib qaradi.
— Ha, yana nima boʻldi, menga zahringni sochmoqchimisan, sochaver, otam sening fe’lingni biladilar, uyalma, — dedi Jalil.
— Otamni boshlab kelganing uchun rahmat. Lekin oshnajon, kulbadekkina boʻlsa ham uyimiz bor edi, yo uyimdan ilon chiqqan ekanmi?

Jalil shiringina javobini tayyorlab turgan edi. Muhiddin ota bunga yoʻl qoʻymay, Asadbekka oʻzining uzrini aytdi-yu, ikki oshna orasidagi masalani oppa-oson hal etdi. Asadbek bir pogʻona pastga tushib, ginaxonligini bas qilgach, «qani, ketdik», deb oʻrnidan turdi. Ana shunda zaharli soʻz ignalarini sanchish navbati Jalilga tegdi. «Ha, ukaxon, kambagʻallarning uyidan ilon chiqdimi?» deb, xumordan chiqquncha gapirdi. Asadbek uning kinoyali, zil-zambil gaplarini tinglashdan oʻzga chorasi yoʻq edi. Muhiddin ota ikki oʻrtoqning gʻarazsiz istehzolarini, qochirimlarini kulimsiraganicha eshitib oʻtiraverdi. Oqibat — Asadbek hali moshi ochilmagan moshxoʻrdaning pishishini kutishga majbur boʻldi.
— Otamni koʻch-koʻronlari bilan koʻchirib kelavermabsan. Aytaman, deb xayolimdan koʻtarilibdi, — dedi Asadbek Jalilga. Soʻng Muhiddin otaga qaradi. — Ota, oʻzingiz toʻyboshisiz, toʻydan keyin ham siljish yoʻq, nabiralaringizni duo qilib shu yerda yashaysiz.
— Xuddi otangizga oʻxshagan mehribonsiz, boʻtam. Hamonki bu yoqlarga qaytdimmi, endi kindik qonim toʻkilgan joyda yashay.
— Mening bir niyatim bor, yoʻq desangiz, qattiq ranjiyman.
— Qani, ayting-chi?
— Mahallamizdagi masjidimiz bitib qoldi. Endi unga yaxshi bir imom kerak. Nima deding, Jalil, otam imomlik qilsalar uzukka koʻz qoʻygandek boʻladimi?

Jalil ma’qul ishorasini qilishga ulgurmay, Muhiddin ota inkor etdi:
— Hay, hay, boʻtam, asti-asti boʻlmaydirgan yumushni yuklamoqchisiz. Imom — olim boʻlishi kerak. Bandada bunaqangi ilm yoʻq. Meni gunohga botiraman, demang.
— Jalil, sen gapirgin: ikkita kichkinagina sura bilan toʻrtta hadisni dastmoya qilib yuradigan imomlar kammi? Otam ularning oldida professorlar-ku?!
— Asad toʻgʻri aytyapti, — dedi Jalil oʻrtogʻini quvvatlab. — Qaysi bir jumada eski shahardan sal naridagi mahallaga yoʻlim tushib, masjidga kiruvdim. Sen aytgandaqa imomi bor ekan. Nima emish, odamning sochlari antennamish, narigi dunyodagi toʻlqinlarni qabul qilib olarkanda, shunda odam tush koʻrarkan. Shunda yonimdagi bir namozxon «Ie, bunisi qiziq boʻldi-ku, kal boshlarda antenna yoʻq-ku, tush koʻrmaydimi?» deb mendan sekingina soʻradi. Mening shaytonim qoʻzib, «ularning kal boshi — parabolicheskiy antenna!» deb qoʻya qoldim. Bema’ni gapi tugarmikin, desam, Xudoning moʻ'jizalaridan gapira turib «oʻrik nima uchun sariq, bilasizlarimi?» deb oʻzi javob beryapti: nima emish, oʻrikni koʻp yegan odam ichketar boʻlarmish. Shuning uchun oʻrik sariq rangda yaratilganmish.

Asadbek buni latifa sifatida qabul qilib kuldi. Muhiddin ota esa «Astagʻfirulloh!» deb bosh chayqadi.
— Shunday shohona masjidga oʻshanaqa telba-teskari odam imom boʻlib kelsinmi? — dedi Asadbek.
— Nasib qilgan odam kelib qolar.
— Hech boʻlmasa soʻfilik qilarsiz?

Bu gapdan Muhiddin ota kuldi.
— Mendaqa qari odamning soʻfi boʻlganini qaerda koʻrgansiz? Oʻzimning ovozimni oʻzim zoʻrgʻa eshitaman, men azon chaqirsam masjidning devoridan nariga oʻtmas.— Xoʻp, unda qorovul boʻlasiz. Jalil, sen nima deysan?— Xudoning uyida qorovul boʻlmaydi.
— Obbo, sen ham juda tor olasan-da. Masjidning yonidan oʻtadigan odamlarning hammasi Xudodan qoʻrqadi, deb oʻylaysanmi? Bittasining boʻlmasa ikkinchisining koʻziga gilam chiroyli koʻrinsa, buklaydi-yu, oladi-ketadi. Yo boʻlmasa Xudoning uyidan tabarruk deb koʻtaradi. Nomi qorovul boʻlmasa ham qarab turadigan odam kerak. Haj qilinadigan payt yozdami? Ana, ke-yin Hajga ham boramiz.
— «Boramiz» deganing kimlar? — deb soʻradi Jalil.
— Otam, sen, men.
— Sen? Sen Makkai mukarramaga borasanmi? Avval peshonang joynamozga tegsin.
— Bunisi ham vaqti bilan boʻladi, oshna. Senam tugʻilishing bilan namoz oʻqimagansan. Makkaga borilsa butun gunohlar yuvilarkan.
— Ol-a, — dedi Jalil qoʻl siltab. — Makkai mukarrama senga hammommi, gunohlarni yuvib tashlaydigan. Sen gunohlaringdan shu yerda qutulib, u yoqqa pokiza boʻlib borishni niyat qil. Bu yil otamni yuborish kerak.

Muhiddin otaning shunday niyati bor, safar xarajatlariga loyiq mablagʻi ham yetarli edi. Shu sababli «qoʻyinglar, boʻtam, qoʻyinglar», deb bahsga yakun yasadi.

Bu orada Jalilning xotini kosalarda qaynoq moshxoʻrda olib kirdi.

Ovqatlanib boʻlib koʻchaga chiqishayotganda Asadbek Jalilni chetga tortib:
— Rahmon tabibnikiga oʻtmadingmi? — deb soʻradi.

Jalil shu savolni kutib turgan edi, jahl bilan uning yengini siltab tortdi-da:
— Xudo senga million boylik bergan-u, tariqcha aqldan qisgan, — dedi, — bilib qoʻy, sening kerilishingni men koʻtaraman, boshqalar hazm qilisholmaydi. Laychang buyrugʻingni menga yetkazdi, Bek akaxon. Biz qulingizmiz-da, aytasizu ketaverasiz. Biz bajarib turamiz. Otamga rahmat, malol olmadilar. Tabibga oʻzing borasan. U meni emas, seni davolagan, men emas, sen toʻy qilyapsan. Sal otdan tushing, hov boyvachcha...

Hozir javob qaytarishning oʻrni emasdi. Undan tashqari Jalil toʻgʻri gapirayotgan edi.

XX bob

1

— Toʻyonani gaplashib olsak boʻlardi, birpas oʻtirishga ham toqatingiz yoʻgʻ-a?

Kesakpolvon toʻyona masalasini allaqachon hal qilib qoʻygan: kuyov toʻralarga in'om etilajak ikkita oq «jiguli» egalariga mahtal edi. Shu sababli u xotinining gʻishavasiga e’tibor bermay:
— Latta-luttalaringni oʻzing bilasan. Boshimni qotirma, — dedi.
— Vabshe toʻyni neudobna paytda qilishyapti. Chut keyinroq surishsa, Yaponiyadan klassniy materiallar olib kelardim.
— Borib aytgin, bir-ikki oyga surishadi. Oʻzi senga oʻxshagan bitta ahmaq maslahatchiga muhtoj yurishibdi.
— Fu, darrov ustimdan kulishni boshlaysiz. Sizga vabshe gapirish kerakmas.

Xotini burilib chiqib ketayotganida telefon qoʻngʻirogʻi jiringlab, Qozi Bek akasining kelib ketganini ma’lum qildi. Bu xabarni eshitgan Kesakpolvon sapchib tushayozdi. U Asadbekning Moskvaga oʻtganini eshitib, tashvishlanib yurgandi. Moʻljalicha sobiq xojasi ertaga ertalab kelmogʻi lozim edi. Barvaqt kelishi, ustiga-ustak qozixonaga bostirib borishi uni bir oz gangitib qoʻydi. «Nega? Nega?» degan qator savollarga javob izlab boshi qotdi. Keyin aniq bir qarorga kelolmagan boʻlsa-da, Asadbeknikiga otlandi. Manzuradan «keldilaru bir piyola choy ham ichmay chiqib ketdilar, qayoqqaligini aytmadilar», degan gapni eshitib, bir pas hovlida yurdi, soʻng kutishga ahd qilib, uyga kirdi. «Aqlini oʻziga amir, nafsu havosini esa asir qilgan kishi qanday yaxshi odamdir, nafsu havosi amir, aqli esa asir kishining holiga voy», deguvchilar naqadar haq edilar. Kesakpolvonning hayoti shomi haqiqat chirogʻi bilan yoritilsa, bilagidagi tilla soatning millari oʻlimi sayin ilgarilayotgani yaqqol koʻrinar qolar edi. Kesakpolvon boshi uzra suzib yurgan oʻlim bulutining sovuq nafasini sezardi. Ammo shayton yoqqan chiroqdan koʻzlari shamgʻalat gʻofil banda buni tan olishni istamasdi. U nazarida Asadbek taxtini zabt etgandi, biroq bu mulk hali qoʻlga kirmaganini anglamasdi. Bugunmi-ertami boshqa taxt tiklanib, uni yer bilan yakson qilajagi mumkinligini xavotir bilan his etardi-yu, bu vahshat selidan omon qolishni umid qilardi.

Moskvadan bir baloni boshlab kelib gʻimirlab yuribdi, deb tashvishlanayotgan Kesakpolvon Asadbekning Muhiddin otani boshlab kelganini koʻrgach, «toʻy tashvishida chiqqan ekan», deb bir oz tinchlandi. Muhiddin otaning huzurida ishdan gap ochilmadi. Oqsoqol namozga turganida Kesakpolvon boshiga ogʻir kulfat tushgan odam kabi dardli ovozda:
— Asad, maslahating kerak, — dedi.

Kesakpolvon Asadbekning ilgarigiday «Qani, dardingni ayt-chi» deyishini kutdi.

Asadbek «qozixonadagi mash-mashadan gapirar», deb oʻylab, sobiq a’yonining gap boshlashini unsiz ravishda kutdi.
— Asad, — dedi Kesakpolvon gʻamli koʻrinishini oʻzgartirmay. — Halimni bir ish bilan Karsnoyarga yuboruvdim, qoʻlga tushib qolibdi...
— Ha, tulki, — deb oʻyladi Asadbek, — ishkalingning isi chiqqanidan keyin yorilyapsanmi? Maskovdagi xoʻjayinlaring telefon qilib aytishgandir-da, a? Qani, aravangni quruq olib qochaver-chi?

Kesakpolvon bir necha nafas sukut saqlab ojiz uf tortdi-da, ilova qildi:
— Nima qilishga hayronman.
— Qanaqa ish bilan yuboruvding? — deb soʻradi Asadbek.
— Ozgina mayda-chuyda olib ketuvdi.
— Koʻpga tushdingmi?
— Gap tushishda emas, bola nobud boʻlmasin, deyman, har holda senga yaxshi xizmat qilib yuruvdi.
— Krasnoyarda qoʻlga tushgan boʻlsa boshingni ogʻritib yurma. Bu bola menga uncha yoqmas edi. Ish-pish chiqib qolsa Jamshidga buyura turaman.
— Maskovga ham oʻtibsanmi?
— Xongireyni toʻyga aytay deb oʻtuvdim, otasi oʻlibdi, sen eshitmovmiding?
— Kechroq eshitdim. Borishning iloji boʻlmadi.
— Ikkalamizning nomimizdan koʻngil soʻrab qoʻydim. Xongirey sendan xursand, «ishning koʻzini biladigan» ekan deb maqtadi.

Ikki yolgʻon doʻstning yolgʻon lutfi shu tariqa qisqa boʻldi. Toʻyga doir bir-ikki masala haqida bundan-da qisqaroq tarzda gaplashib olingach, Kesakpolvon ketishga taraddudlandi. Asadbek «Oʻtir, qayoqqa shoshasan», demadi. Darvozaxonaga qadar kuzatib borgach Kesakpolvon «Bu yogʻiga oʻzim yoʻlni topib ketaman», deganday xayrlashdi. Soʻng boʻshab yotgan boloxonaga qarab bir entikib qoʻydi.

... Hamma ishlari sip-silliq ketayotuvdi. Boloxonadagi yigitlar qulluq qilib turishardi. Xongirey degan shaytonvachcha qayoqdan paydo boʻldi, qanday qilib suqulib kirdi?.. Endi bundan buyogʻi xuftonmi?..

Kesakpolvon Xongireyni «shaytonvachcha» dedi-yu, ammo uning shaytoni bilan oʻzining yoʻl koʻrsatuvchi shaytoni aka-uka ekanini oʻylab koʻrmadi.

Koʻchada mashina oynaklarini artayotgan Jamshid Kesakpolvonni koʻrishi bilan ishini tashlab, peshvoz chiqib koʻrishdi.
— Ha, erkak, akaxon keldilar, deb qoʻyishga ham yaramay qodingmi?
— Oʻzim ham yarim soat oldin bilib qoldim, — deb yolgʻonladi Jamshid.
— Bu yerdagi ishingni tugatib, qozixonaga oʻt, gap bor.

Jamshid mashinani artib ulgurmay Abdusamad chiqib:
— Ketaverarkansiz, ertalab azonda kelsangiz, tabibnikiga borilarkan, — dedi.

Jamshid yangi xojasining izidan ketma-ket yetib borishni istamay, kasalxonaga oʻtib, otasini ziyorat qildi. Otasi unga nimadir deb gʻoʻdirandi. Uning maqsadini oʻgay onasi tushuntirdi:
— Uyga ketgilari kelyapti. Oʻtirishga ham madorlari qolmadi.
— Doʻxtirlar yaxshi qarashmayaptimi?
— Boqishlari yomonmas, lekin uyning havosi boshqachada.
— Ertaga bir joyga borib kelishim kerak, indinga oʻzim kelib, olib chiqaman.

Jamshid mashinaga oʻtirdi-yu, kasalxonaning panjara devori ortida ma’yus qarab turgan oʻgay onasiga koʻzi tushib, yuragi ezildi. Otasi bu xotinga uylangan kezlari ikkovini la’natlab yurganini esladi. Uning nazarida otasi uylanib, onasining ruhiga ulugʻ xiyonat qilgan edi. Otasi koʻz ochib koʻrgan ahli ayolining xotirasi oldida oʻzini gunohkor deb bilardi, biroq dardini ichiga yutardi. Oʻgay onasi esa yigit yoshiga yetib, qamoqxonaning shoʻr shoʻrvasini totib koʻrgan oʻgay oʻgʻli huzurida oʻzini noqulay sezardi. Shu sababli er-xotin Jamshidning bevosh yurishlaridan norozi boʻlishsa-da, tanbeh berishmadi, toʻgʻri yoʻlga tortishga urinishmadi. Koʻngli yarimta oʻgʻilning koʻngliga qarashga majbur boʻlishdi. Jamshidni oʻz holiga qoʻyib berishlariga yana bir sabab bor edi: ular «Qamalib chiqqan yigit tamoman buzilib boʻlgan, unga nasihat kor qilmaydi», deb oʻylashardi.

Kunlarni, haftalar, oylar, yillarni bu er-xotin bir-biriga suyangan holda oʻtkazishdi.

Xongireyning huzuridan qaytganidan soʻng Jamshidda yaxshilik tomonga oʻzgarish sezildi. U otasi va oʻgay onasining yolgʻizlikdagi hayotini his qildi. Ayniqsa toʻshakka mixlangan bemorga oʻgay onasining mehribonligi uni lol qoldirdi. Otasi bu xotinga yoshlik chogʻida beqiyos muhabbati tufayli uylanib, uzoq baxtiyor yillarni birgalikda oʻtkazsa ham bu vafoga ajablanmasa ham boʻlardi. Oʻlgan xotinning oʻrniga xotin, bevosh bolaga oʻgay ona boʻlib kirib kelgan edi bu xonadonga. Sogʻlom er bilan qancha yashadi, necha yildan beri kasal boqadi? «Tuzalmas kasal erni boshimga uramanmi?» deb tashlab ketishi mumkinmidi? Axir oʻrtada farzand yoʻq, ehtirosli ahdu-paymon, qolaversa, mol-mulk yoʻq-ku? Uni nima ushlab turibdi?

Jamshid bu savolga aniq javob bera olmasdi. Chunki u hech qanaqa oʻlchovi yoʻq mehr-muhabbat, odamiylik, vafo degan fazilatning mohiyatini anglay olmasdi. Keyingi paytlarda oʻgay onasini kuzata turib «oyim tirik boʻlsalar ham adamga shunday qarardilar», degan xulosaga kelib, oʻgay onasiga munosabati oʻzgardi.

Hozir kuzatib chiqqan oʻgay onasining dardli boqishiga parvo qilmay keta olmadi. «Koʻngillari bir nimani sezdimi?» degan oʻy xayoliga kelib yuragi «shuv» etdi. «Nega ikki kundan keyin olib ketishim kerak? Hozir-chi?» degan xayolda mashinadan tushdi.
— Hozir keta qolamiz, — dedi Jamshid, — men doʻxtirga uchrashib chiqaman, siz tayyorlanib turing.

Otasi bir hafta uyda boʻlsa, yigirma-oʻttiz kun kasalxonada yotardi. Uni hozir olib ketishga chogʻlangan Jamshid «Boʻldi, endi bu yoqqa olib kelish yoʻq, doʻxtirlar uyga borib boqishadi», deb qaror qildi.

2

Jamshid otasini uyga qoʻyib, koʻchaga chiqayotganida oʻgay onasi uni ostonada toʻxtatdi:
— Jamshidjon, — dedi u siniq ovozda, — Xudodan umidimiz koʻp-ku, lekin... uzoq qolib ketmang.

Jamshid tushundi. «Xoʻp» demoqchi edi, tomogʻiga nimadir tiqilib bosh irgʻab qoʻya qoldi. Qozixonaga borishga oyogʻi tortmasa ham, ortiqcha gap koʻpaymasin, degan fikrda amrni bajardi. U qozixonaga kirganda Kesakpolvon yonboshlab olib nok yeyayotgan edi. Qozining yaqinida turgan konyak shishasining hali yarimlamaganiga qaraganda yangi xojaning maishatga koʻngli yoʻqroq edi. Jamshid kirgach, Kesakpolvon «Kel» ham demadi, «Buncha uzoq qolib ketding?» deb gina ham qilmadi. Jamshid oʻtirgach, Qoziga qarab:
— Oshnangga baquvvat qilib quy. Hozir u toʻyboshi, charchagandir, — dedi.

Jamshid bu gap zamirida pichingni sezmaganday oʻng kaftini koʻkragiga qoʻyib, qulluq qildi. Qozi kon-yak quyib uzatgan piyolani qoʻlga olib «yolgʻiz oʻzim ichaveraymi?» degan savol nazari bilan xojasiga qaradi. Kesakpolvon «birga ich» degan ma’noda Qoziga ishora qilgach, ikki ogʻayni akaxonlarining salomatliklari uchun boʻshatdilar. Kesakpolvon nokni yeb boʻlib, labini sochiq bilan artdi.
— Sen bola, u yoqlarga borib kelganingdan keyin ayniding. Ayniganingni oʻzing ham sezasanmi? — dedi u.

Jamshid uning oʻtkir nigohiga dosh berolmay yerga qaradi.
— Gapirmaysanmi? — dedi Kesakpolvon zarda bilan.
— Agar xato qilgan boʻlsam... ayting. Xatolarimni aytib-aytib tarbiya qilgansiz.
— Seni Mahmud tarbiyalagan. Mahmud akang kindigini oʻzi kesganlardan edi, hamma aql oʻshanda, ba’zan aqli toshib ham ketardi. Senam akaxoningga oʻxshagansan. Seni, odam boʻlarmikin, deb oʻlimdan olib qolgan edim. Sen nimangga kerilasan?

Jamshid bosh egib, indamay oʻtiraverdi. Kesakpolvon alamdan chiqish uchun soʻkishni boshlaganda ham boshini koʻtarmadi. Faqat onasining nomi haqoratga qoʻshilganida bir seskandi-yu, bu jikkak odamchani yanchib tashlagisi keldi. Soʻkishlar poyoniga yetgach, tuhmat saroyining darvozalari ochildi.
— Men senga bir ish buyuruvdim, «ha» ham demading, «yoʻq» ham demading, a? Yo esingdan chiqdimi?

Bu savoldan soʻng Jamshid bosh koʻtardi:
— Qaysi ish edi?
— Halimni tekshirishing kerakmidi?
— Ha.
— Xoʻsh?
— Hali tagiga yetolmadim. Gaplaridan milisaga oʻxshaydi, lekin milisaning idorasidagi roʻyxatda bunaqa nomdagi odam yoʻq. Agar milisa boʻlganida ham bizning ichimizda boshqacha nomda yurgandir?
— Men senga nima deb buyuruvdim?
— Milisaning odami boʻlsa oʻldir, devdingiz.
— Oʻldirdingmi?
— Yoʻq.
— Unda qayoqqa gʻoyib boʻldi?

Jamshid Qoziga qarashdan oʻzini arang tutib qoldi. Qozi Jamshidning Halimjondan gap ochib surishtirganini xojasiga yetkazgani aniq. Agar hozir unga yalt etib qarasa, fosh boʻlib qolishi mumkin edi. Shuning uchun hech narsa bilmaganday:
— Uch-toʻrt kundan beri koʻrinmay qoldi. Uyidan xabar olaymi? — deb soʻradi.
— Sen uni yo choʻchitib qoʻygansan, yo qochirib yuborgansan. Axir ikkovingning ustozing bir-ku, a?
— U koʻrinmay qolganiga...
— Xoʻsh, gapiraver, ichingda qolmasin.
— Sizmi yo Bek akammi ish buyurgandirsizlar, deb oʻylovdim.
— Men unga hecham ish buyurmaganman. U milisaning odami edi, koʻnglim sezib turardi. Sen uni qaerdan boʻlsa ham topasan.
— Xoʻp...

Jamshid shunday deb qutulmoqchi edi, boʻlmadi. Kesakpolvon navbatdagi arining uyasini kavladi:
— Bek akangni nima uchun bu yerga boshlab kelding? Bu sen aralashadigan ishmidi?
— Men toʻgʻri uyga olib bordim. Bolaning onasi kennayimga arz-dod qilib chiqqan ekan. Kennayim Bek akamga aytdilar. Keyin Bek akam bir piyola choy ham ichmay bu yoqqa yurishni buyurdilar.

Kesakpolvon Manzuraning shunga oʻxshagan gapini eshitgani uchun bu yolgʻonga ishondi. Lekin boʻsh kelmadi:
— Pul bergan xunasaning milisaga borganini nega aytding?
— Choʻtal koʻproq boʻlsin, devdim...
— Oʻsha pulning hammasini boʻyningga ilvorsam nima deysan?
— Xatoyimga yarasha jazolang, mayli.
— Sen shunaqa moʻmintoyliging bilan hammani yengib kelgansan. Bu qiliq menga oʻtmaydi, bilib qoʻy. Men seni odam deb yonimga oluvdim. Hammani ham yaqinimga yoʻlatavermayman, bilasan a? Hozir biz uchtamiz. Uchalamiz bir zoʻr ish qilishimiz kerak. Bek akang birinchi galda men uchun aziz, keyin senlar uchun qadrli. Agar uning sochidan bir tola soch toʻkilsa, mening yuragimda bitta tomir uziladi. Sochi oqarib ketganini koʻrganimda men oʻlib qolay dedim. Gapimga tushunyapsanmi? Bek akang bilan oramizda xusumat yoʻq. Faqat u hozir Xongireyga oʻchakishib, yanglishyapti. Biz uni ehtiyot qilib saqlab qolishimiz kerak. Adashgan yoʻlidan qaytarmasak hammamizga yomon boʻladi. Shuning uchun ham men uning bosayotgan qadamini bilib turishim kerak. Bek senga ishonadi.
— Tushundim, — dedi Jamshid.

Jamshid shunday dedi-yu, ammo avval ham aytilgan bu gaplarning nima uchun qaytarilayotganiga tushun-madi.
— Menga qara, sen bunday sanqib yurma, Uylan, uy-joy qil.
— Men bopi uchrab qolsa, oʻzingiz bosh boʻlasiz.
— Endi halol gapni ayt: Zaynabni yoqtirarmiding? Ha, yoqtirarding. Shunga uylana qolmaysanmi?
— Zaynabning eri bor.
— Eri oʻlay-oʻlay deb yotibdi. Xohlasang ertalabgacha oʻlib qolishi ham mumkin.
— Yoʻq, oʻlmasin, biz Zaynab bilan aka-singil tutinganmiz.
— Zaynabning ikkita akasi bor, seni boshiga uradimi? Sen bola, mahmadanalik qilmagin-u, taklifimni oʻylab koʻr?

3

Kesakpolvon Elchinning taqdirini hal qilib, Zaynab bilan Jamshidga oʻzicha nikoh toʻnini bichayotganida Asadbekning uyida oʻzgacha masala yechilayotgan edi.

Xufton namozini oʻqib boʻlgan Muhiddin otaning koʻzlari uyquga moyilligini sezgan Asadbek u bilan uzoq suhbatlashmay, yotoqqa boshladi. Keyin yelkasiga toʻnni tashlab, hovliga chiqdi. Koʻzi beixtiyor boloxonaga qadaldi. Kimsasiz boloxona soʻnayotgan shon-shuhratining ramzi sifatida koʻziga xunuk koʻrindi. Asta oʻsha tomon yurdi. Tepaga koʻtarildi. Chiroqni yoqdi. Toʻrtta karovot, oʻrtadagi xontaxta ustida yangi dasturxon. Atrofida toza koʻrpacha. Avval bir chiqqanida dimogʻiga sigaret tutuni hidi urilib, koʻngli aynigandi. Hozir bunday hid yoʻq... Yengil oyoq tovushini eshitib, oʻgirildi. Xavotirlanib, erining izidan chiqqan Manzura unsiz ravishda «Adasi, nima boʻldi, nega bu yoqqa chiqdingiz?» deb soʻradi. Bu savolga Asadbek ham unsiz ravishda «Sen nega orqamdan yuribsan?» deb savol bilan javob qildi. Keyin «Yasatib qoʻyibsanmi?» deb soʻradi.
— Toʻyda yotib qoladigan mehmonlarga tayyorlab qoʻydim. Koʻrpa-yostiqlargacha almashtirdim, — dedi Manzura.

Uzoqdan keluvchi birodarlar uchun markazdagi mehmonxonadan joy hozirlab qoʻyilgan, boloxonaga muhtojlik boʻlmasa-da, Asadbek xotinining koʻnglini koʻtarish maqsadida:
— Yaxshi qilibsan, — dedi.
— Adasi, qizingiz soʻrashga uyalyapti. Kuyovingizni toʻyga olib chiqsakmikin?

Asadbek buni ham oʻylagan, Elchinning toʻyda yarimjon holatida oʻtirishini istamayotgan edi. Bu xohishini xotiniga ham, qiziga ham bildirgisi kelmay:
— Doʻxtirdan soʻrash kerak, — dedi.
— Doʻxtiri bilan maslahatlashdik. Aravachaga oʻtqazib olib yurish mumkinmish.
— Doʻxtar bilan gaplashdingmi? Ishni pishirib qoʻyib, endi mendan soʻraysanmi? Menga desa, aravachada emas, boshingga oʻtqazib olib chiq. Toʻrga oʻtqazginda «shunaqa ajoyib kuyovim bor», deb maqtan.

Manzura aytgan gapidan afsuslanib, pastki labini tishladi-da, erining yelkasini silagan boʻldi:
— Adasi, darrov jahlingiz chiqmasin. Zaynabning ham koʻngliga qaraylik-da.
— Zaynabning koʻngliga?.. — Asadbek shunday de-di-yu, jimib qoldi. Bu sukutdan foydalangan Manzura Zaynabning kunda ikki, ba’zan uch marta kasalxonaga borayotganini, Elchinning jiyanlari kelgani, ularga javoban «U mening erim, uni oʻzim olib chiqaman», deganlarini aytib berdi. Bu gaplarni eshitgan Asadbek «Erini yomon koʻrardi-ku? Endi Jamshiddan koʻngli sovub, unga muhabbatli boʻldimi?» deb oʻyladi.
— Zaynab bu yerda ancha siqilib qoldi, — dedi Manzura. — Kennayilari bilan akalari kulishib turishsa uning koʻzlarida yosh miltillaydi. Kuyovingizni uyiga olib chiqsak...
— Toʻydan keyin, — dedi Asadbek uning gapini uzib. — Hozir olib chiqsang, hamma toʻy harakati bilan ovora boʻlib, qarovsiz qoladi.

Onasi bilan suhbatlashganda Zaynab «Elchin akam chiqmasalar men toʻy bazmida nima qilaman? Beva xotinga oʻxshab shumshab oʻtiramanmi?» degan edi. Manzura eriga bu gapni aytay dedi-yu, jur'at etolmadi.

Ikkovlari birgalashib pastga tushib, uyga kirdilar. Oʻzining xonasidagi derazadan hovlidagi ota-onasiga qarab turgan Zaynab xoʻrsinib qoʻydi.

Zaynab nimani istasa onasi darrov rozi boʻlar, otasidan esa ijozat tegishi mushkul vazifa edi. Erining toʻy bazmiga olib borilishi boshqalar uchun arzimas masala boʻlsa-da, Zaynab uchun gʻoyat muhim edi. U toʻyda xizmat qilib yurgan Jamshid bilan roʻpara kelishdan yoki koʻzlari toʻqnashishdan qoʻrqardi. Yarimjon erinnig yonida oʻtirishi uni shayton vasvasasidan qutqarardi. Jamshid oʻldiga chiqarilganida Zaynab bir oʻlib, bir tiriluvdi. Yoshlik sururidan esdalik boʻlmish bu yigit hovlida har paydo boʻlganida u yana oʻlib, yana tirilaverdi. Ruhi qayta-qayta azoblanmogʻi uchun ham tirilaverdi. Asadbek xotinining gaplarini eshitib «Jamshiddan koʻngli qolibdi», deb oʻylab yanglishgan edi. Yoshlikka xos chin sevgidan qutulish mumkin emasligini u bilmasdi. Chunki Asadbek bu kabi sururli damlarni boshidan kechirmagan edi. Dunyoda «muhabbat» deb atalmish ilohiy tuygʻu borligini anglash yoshida fikru zikri qimor bilan band, uning muhabbati ham, sadoqati ham oʻshanda qimor edi.

Yaqindagina xayolan Kumushbibiga aylanib, oʻz Otabegi bilan baxtiyor boʻluvchi qiz baxtini sovurib, juvonlikning zimiston olamiga oʻtib qolganday edi. Bu olamda saodatdan umidvor qiluvchi bitta uchqunni ham koʻrmas edi. U endi Kumushbibi emas, ertakdagi tosh malikaga aylanib qolishni istardi. Oʻn yilmi, yuz yilmi oʻtgach, asliga qaytsa, atrofidagi gʻam-anduhni koʻrmasa... U ba’zan bir yoriltoshga uchramoqni orzu qiladi. Suygani bilan oʻsha toshga borsa-da aytsa:

«Yorilgin tosh, yorilginey,

olgin bizni oʻz bagʻringga...»

Soʻng toshga aylanib yashasalar. Oʻn yilmi, yuz yilmi...

Shafqatsiz dunyo, alamli dunyo bu orzularga yoʻl berarmidi?

Oʻn yilmi, yuz yildanmi keyin bu dunyo shafqatliroq, baxtga moʻlroq boʻlib qolarmidi...

XXI bob

1

Manzuraning maslahati bilan Abdulhamid ham tabibnikiga boradigan boʻldi. Asadbek «uzoq yoʻlda urinib qolarmikinlar», degan hijolat bilan Muhiddin otani mujmalroq ohangda taklif etgan edi, u «birodarimni yoʻqlab kelay, bu yerda oʻtirib nima qildim?» deb otlandi.

Manzilga yetib borishganda Abdurahmon tabib uyda yoʻq edi. Peshindan keyin osmonda tosha boshlagan bulut toʻdalari birlashib, atrofni goʻyo zulumot qopladi. Soʻng izgʻirinli kuchli shamol turib daraxt shoxlarida qolgan-qutgan barglarni tortqilab uzmoq istadi. Ke-yin yomgʻir savalay ketdi. Nihoyat, bahor fasli ekanini unutgan tabiat xatolikka yoʻl qoʻydi: laylakqor yogʻa boshladi.

Egasiz uyga kirishni beodoblik sanab, barchalari mashinada oʻtirdilar. Qor yogʻishi avjga chiqqan mahalda muyulishda Abdurahmon tabib koʻrindi. U darvozasi qarshisidagi mashinani koʻrib, ajablandi. Mashina eshigi ochilib Muhiddin ota koʻringach, sovuqda qizargan yuzlarini xursandchilik yeli silab oʻtdi.

Ichkari kirib oʻtirishgach, xayrli duodan soʻng Abdurahmon tabib oʻrnidan turib, qoʻl qovushtirganicha «Xush kelibsizlar» dedi. Unga javoban avval Muhiddin ota, soʻng boshqalari ham turib «xushvaqt boʻling», dedilar.
— Birodar, siz meni ancha hijolatga qoʻydingiz, — dedi Abdurahmon tabib, barcha oʻtirib, joylashib olgach. — Eshigim ochiq boʻla turib koʻchada kutganingiz kamina uchun isnod.
— Taqsir, dovrugʻi yetti iqlimga ketgan sizdek moʻ'tabar zotni ozgina kutsak kutibmiz-da, — dedi Muhiddin ota hilmlik bilan.
— Hay, hay, birodarim, bunday gaplarni sira ayt-mang. Bandaning maqtovlardan yiroq ekanini avval kelganingizda sezmabmidingiz?
— Sezish nima ekan, koʻrib-bilganman. Sizni oʻylasam hukamolardan meros bir rivoyat yodimga tushaveradi. Buni siz bilarsiz, oʻrni kelib qoldi, bu inilarimizga ibrat sifatida aytayin.

Abdurahmon tabibning nabirasi dasturxon, katta patnisda meva-cheva koʻtarib kirgani uchun bir oz sukut saqlandi. Dasturxon yozilib, patnis joyiga qoʻyilgach, Muhiddin ota gap boshladi:
— Amal qilguvchi amalida qoʻy boquvchidan oʻrnak oluvi lozim ekan. Axir qoʻy boquvchi, agar namoz oʻqisa, qoʻylaridan namoziga maqtov olishni oʻylamaydi-ku? Xuddi shunga oʻxshab, amal qiluvchi insonlar unga qarashlarini koʻngilga keltirmasliklari lozim. Insonlar oldida va yolgʻiz qolganida ham Olloh taolo uchun bir xil tarzda amal qiladi. Insonlarning maqtovini talab etmaydi. Taqsirimda men shunday fazilat koʻrib, oʻrgandim. Shoyadkim, Yaratgan tangrim moʻ'minlar qatorida bizlarni ham jannat ahlidan qilsa...
— Olloh Adn jannatini yaratib «Gapir» deb amr qilganida jannat tilga kirib uch marta «Moʻ'minlar najot topadi», deb soʻng esa «Men baxilga, munofiqqa, riyokorga haromman», degan ekan. Odam farzandi shunga koʻra yashasa, insha Olloh, najot topar. Men Yaratgandan ixlosimga quvvat soʻrayman. «Ixlos nima?» deb savol berilganda donishmand «Odamlar seni maqtashlarini sevmasligingdir» deb javob bergan ekan.
— Kun oʻtgan sayin Ollohning rahmatiga borish onlarini koʻproq oʻylarkansan kishi. Sahobalar Rasulullohdan «Biz hammamiz oʻlimni nega yomon koʻramiz?» deb soʻrashganida Nabiy alayhissalom debdilarki: «Bu yomon koʻrishlik emasdir. Agar moʻ'min kishi oʻlim toʻshagida yotgan boʻlsa, Olloh taolo uning huzuriga yaxshilardan boʻlib qaytishligi haqida oʻsha bandaga xushxabar keladi va unga Olloh diydoridan yaxshiroq biror narsa boʻlmaydi va Olloh ham uni uchratmoqni yaxshi koʻradi. Agar fojir yoki kofir oʻlim toʻshagida yotgan boʻlsa, Olloh taolo uchun yomonlardan boʻlganligi, yomonlardan hisoblanganligi aytilib, qoʻrqitib, ogohlantirish keladi va u Olloh bilan boʻladigan uchrashuvni yomon koʻradi. Olloh ham u bilan koʻrishmoqlikni xohlamaydi...» — Muhiddin ota shunday deb bir oz tin oldida, keyin umidli ohangda fikriga yakun yasadi: — Olloh shunaqalardan qilmasin bizlarni...

Nabira kirib choynak-piyolani bobosining yoniga qoʻydi. Abdurahmon tabib choyni qaytarish uchun qoʻliga piyola olganida Asadbek «Choyni sen quy», degan ma’noda oʻgʻliga ishora qildi. Abdurahmon tabib «menga bera qoling» degan yigitning ra’yini qaytarmadi. Choy quyilib, bir hoʻplamdan ichilgach, Asadbek muddaoga oʻtay deganida tabib oʻziga xos bosiq ohangda soʻz boshlab, Muhiddin otaning fikrini davom ettirdi:
— Meni bir narsa ajablantiradi: begunoh ham — gunohkor ham, Xudoga, uning jannati mavjudligiga ishonuvchi ham — ishonmaydigan ham oʻlimidan soʻng jannatdan joy tegishini istaydi. Ba’zan odamlarga jannatga yetishish juda qiyinga oʻxshaydi. Meningcha, buning mashaqqati yoʻq, odam bolasi nafsini tiysa, boshqalarga yomonlik qilmay, yaxshilikni kasb etsa kifoya. Uning bu dunyosi ham jannat kabi rohatli boʻla-di. Zulmni oʻziga harom qila olmasa, — Abdurahmon tabib shunday deb Asadbek bilan Jamshidga oʻgʻrincha qarab oldi, — uning jahannami shu dunyodayoq boshlanadi. Men dadam rahmatlidan eshitgandim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan muhaddislar shunday rivoyat qilishgan ekan: «Qiyomat kuni bir toifa odamlarga jannatga borishlik buyuriladi. Ular jannatga yaqinlashib, hidini hidlab, jannatdagi qasrlarni va Olloh taolo jannat ahliga tayyorlab koʻygan narsalarni koʻrganlaridan soʻng: «Ularni olib ketinglar, ularga jannatda nasiba yoʻqdir!» deb nido qilinadi. Ular shunday hasrat-nadomat bilan qaytadilarki, ulardan oldin ham, keyin ham, hech kim bunchalik hasrat-nadomat qilmagandir. Ular aytadilar: «Ya Olloh! Doʻstlaringga tayyorlab qoʻygan ne’matlaringni koʻrsatmay turib bizlarni doʻzaxga kirgizganingda bunchalik hasrat-nadomat qilmasdik». Shunda Olloh taolo: «Men bunday qilmoqlikni xohladim, chunki sizlar katta-katta gunohlar bilan insonlardan yashirincha Menga qarshi chiqdingiz, insonlar koʻzida esa pokiza, viqorli koʻrinar edingiz. Qalblaringizda yoʻq narsani riyo qilar edingiz. Odamlardan qoʻrqar edingiz, mendan qoʻrqmas edingiz, insonlarni ulugʻlar edingiz. Meni ulugʻlamasdingiz. Insonlar uchun ba’zi narsalardan qaytar edingiz. Men uchun qaytmas edingiz. Endi bugun savobimni ayirganim barobarida qattiq azobga mahkum etgayman...» deydi».

Nabira kosalarda qaynoq shoʻrva koʻtarib kirgach, bir-birini sogʻingan ikki qariyaning amri ma’rufi poyoniga yetdi. Asadbek ularning gaplariga quloq tutib «Menga tekkizib aytishyapti», deb oʻyladi. Holbuki, ularning bunday niyatlari yoʻq, gap shu mavzuga burilgani uchun beixtiyor tarzda suhbatlashishayotgan edi. Shunga qaramay, Asadbekning gumonida jon bor, u ham jannat harom qilingan bandalardan edi...

Taomdan soʻng Asadbek toʻyga aytib kelganini bildirdi. Abdurahmon tabib yoshlar haqiga duo qilgach:
— Bir koʻrib qoʻyarmikinsiz, deb kuyov bolani ham boshlab keluvdim, sal tobi kelishmayroq turibdi, — dedi.

Tabib Abdulhamidning bilak tomirini ushlab, koʻzlariga tikildi, keyin kaftidagi chiziqlarni silab-silab nimanidir oʻqiganday boʻldi-da:
— Men bir dori tayyorlab beraman, — deb gapni qisqa qildi.

Asadbek «Nima boʻlibdi, qanaqa kasal?» deb soʻrashdan oʻzini tiyib:
— Tilla tangani olib kelganman, — dedi.
— Bu muolajaga tilla tanga lozim emas, — Abdurahmon tabib Asadbekning oʻzini ham koʻrib qoʻyib: — Siz dorilarni yarimlatmay, ichishdan toʻxtabsiz, shundaymi? — deb soʻradi.
— Ish bilan boʻlib... — Asadbek oʻzini oqlamoqchi boʻldi.
— Tabibning aytganini qilmaydigan odam tabibga uchramagani ma’qul. Siz oʻzingizni yaxshi his qilib, batamom tuzaldim, degan xulosaga kelgansiz. Kasalning ildizi qurimagan, payt poylab yotibdi. Bugun boʻlmasa ertaga siquvga olishi mumkin.

Namoz vaqti boʻlgani uchun ikki qariya qoʻshni xonaga chiqishdi. Abdurahmon tabib ibodatdan soʻng joynamozdan jilishga shoshilmay, Muhiddin otaga qaradi:
— Yodingizda boʻlsa, xuddi shu yerda oʻtirib, inimizdagi ruh xastaligining chekinmogʻiga umid qilib edik. Umidimiz sarob boʻlib chiqibdi. Inimiz zulmni avvalgidan kuchliroq holda kasb qilibdilar. Ojiz iymonlari yanada ojizlashibdi, — dedi.

Muhiddin ota darrov javob bermadi. Toʻpalonchi farzandini deb muallimdan tanbeh eshitgan ota misol boshini quyi egdi.
— Zamon bularning tilini ham, dilini ham tosh qilib qoʻygan... Na iloj... har holda Ollohdan umidimiz bor...
— Olloh noumid qilmasin. Men kuyov bolamizga dori tayyorlab beraman. Ammo... otasi bilmasin, sizga ma’lum boʻlsa kifoya, yigitmizdagi xastalik ne ekanini aniq bilolmadim. Menga noma’lum bir xastalikdan aqlim lol. Nimadir uning yuragini yalab ado qilay debdi. Ishqilib yanglishayotgan boʻlay, folbinlikdan Olloh asrasin, yigitimiz koʻpga borolmaydigan koʻrinadir...

Bu xunuk xabar Muhiddin otaning a’zoyi badanini muzlatib yubordi. Tili gapga aylanmay, tabibga qarab qoldi. «Taqsir, adashmayapsizmi? Ayting, jon taqsirim, ayting, adashdim, deng. Bolaning umri uzoq boʻladi, deng...» Muhiddin otaning iltijo bilan boqayotgan koʻzlarida shunday ma’nolar zohir edi.

Ular mehmonxonaga qaytishganda Muhiddin ota Asadbekka ham, Abdulhamidga ham qaray olmadi. Uning ruhidagi tushkunlikni Asadbek sezdi. Tabib dori tayyorlash uchun chiqqanida «Ota, nima boʻldi, tobingiz qochdimi?» deb soʻradi. Muhiddan ota unga javoban «Sal toliqibman, boʻtam», deb qoʻya qoldi.

Abdurahmon tabib tunda yoʻl yurmoqlikning xosiyatsiz ekanini, dovonni qalin qor bosganini roʻkach qilib, ularning qaytishlariga izn bermadi. Oʻrin solinib, yotishga hozirlanganlarida Abdurahmon tabib Asadbekni qoʻshni xonaga chorladi. Muhiddin ota «bolaning ahvolini yashirmaslikka qaror qildimi?» deb oʻylab Asadbekni xavotir nazari bilan kuzatdi. Uning tashvishi oʻrinsiz edi. Tabib Asadbekni mutlaqo bosh-qa bir sabab bilan chorlagandi.
— Dev akaning hujrasi esingizdami? — deb gap boshladi tabib. — Hali oʻsha yerdan kelayotuvdim. Dev akaning vafotidan keyin qishloqdagilar hujrani buzib tashlaylik, deyishuvdi. Men goʻri sovumay turib buzmaylik, devdim. Har bir joyning bir yaxshisi, bir yomoni boʻladi. Bizdan bir yomon chiqib, kallakesarlikni kasb qilib olgan edi. Qaysi bir yili qamalib ketuvdi, otuvga hukm boʻldi, deb ham eshituvdik. Otilmabdi, tirik ekan. Bir hafta ilgari qishloqda koʻrinib qoldi. Kecha oʻziga oʻxshagan yana uch-toʻrtasi paydo boʻlib, Dev akaning hujrasini makon tutishibdi. Koʻnglim yomonlikni sezib, oʻsha yerga bordim. Nashani chekib, aroqni ichib yotishibdi. Qamoqdan qochishgan desam, qoʻrqib, berkinish harakatlari yoʻq.

Abdurahmon tabibning havotirli gaplarini eshitib, Asadbek Zelixonni esladi. Oʻtgan yili Fargʻonada fojialar boshlanmay turib u ham tabib kabi havotirli gumoni bilan unga murojaat etgan edi. Bu yil yana qaytariladiganmi bu fojia? Buning tepasida kim turibdi? Maqsadi nima? Asadbek jon talvasasidagi jamiyatning siyosatini tahlil qilmoqqa, makr-hiylalarini kashf etmoqqa ojiz edi. Shu sababli Abdurahmon tabibga hamdard boʻla olmadi. Tayinli gap ham aytolmadi.

2

Abdusamad, soʻng Abdulhamid dunyoga kelishganida Manzuraning, Asadbekning qalblarida orzu-umidlar ham tugʻilgan edi. Bu olamda hisobsiz, oʻlchovsiz narsalar koʻp. Shulardan biri — ota-onaning farzandi baxti-saodatiga xos orzulardir. Barcha ota-onalar kabi Manzura bilan Asadbek goʻdaklarini qanday avaylab voyaga yetkazsalar, orzu-umidlarini ham yillar mobaynida shunday ehtiyot qildilar Ularning yetisholmagan orzulariga koʻra ushalganlari koʻproq edi. Uzoq vaqt kutilgan nikoh bazmiga yetishganlari shular sirasidan boʻldi.

Bir kun oldin Sulikoning bobosi va’da qilgan sovgʻa yetib keldi. Zulukdek ikki ot koʻrganlarining hushini olayozdi. Hatto otlarni koʻrganda koʻz oldiga faqat qazi keluvchi Kesakpolvon ham bu goʻzallik oldida lol qoldi. Mardonavor gurji yigitlarining ust-boshi ham ajabtovur edi. Mamatbey Xongireyning sov-gʻasi — qiniga oltin suvi yuritilib yoqutlar bilan bezatilgan ikki xanjarni tortiq qildi. Ertalab esa Asadbekning uyi qarshisidagi yoʻl chetida Kesakpolvonning sovgʻasi — ikkita oppoq «Jiguli» paydo boʻldi.

Xursandchilik bilan oʻtishi lozim boʻlgan kun bir oz tashvish bilan boshlandi. Nonushtada Abdulhamid koʻrinmagach, Manzura uning yotogʻiga kirib chiqdi-da, oʻgʻlining yana isitmalayotganini eriga ma’lum qildi. Manzuraning «doʻxtir chaqiraylik» degan gapiga Asadbek «shoshilmay tur», deb javob qildi. U «Tabibning dorisi kasalni bir qoʻzitib oladi, isitma shu dorining em boʻlayotganidan nishonadir, bugun tabibning oʻzi kelib qolar», deb oʻyladi. Peshinga qadar koʻzlari yoʻlda boʻldi. Ikki marta Muhiddin otaga «birodaringizdan darak yoʻgʻ-a?» deb qoʻydi.

Peshinda darvozadan ancha narida eskigina «Moskvich» toʻxtab, undan oxori toʻkilgan kiyimli bir kishi tushib, orqa oʻrindiqdan kattagina tugun oldi. Yumush bilan koʻchaga chiqqan Jamshid mashinaning tartib raqamiga qarab «Abdurahmon tabib kelibdi», deb oʻylab, iziga qaytdi-yu, bu yangilikdan xojasini ogoh qildi. Asadbek shoshilib koʻchaga chiqqanida tugun koʻtargan mehmon darvozaga yaqin kelib qolgan edi. Asadbek uni tabibnikida koʻrgan, hamisha otlar bilan ovora boʻlgani uchun uni otboqar deb oʻylagan edi. Mehmon tugunni Jamshidga berib, oʻzi Asadbek bilan qoʻshqoʻllab soʻrashdi-da, «toʻylar qulluq boʻlsin», deb qoʻydi.
— Abdurahmon aka qanilar? — deb soʻradi Asadbek «Moskvich»ga qarab olib.
— Pochcham uzrlarini aytib yubordilar. Qishlogʻimiz bir oz notinchga oʻxshab qoldi, tashlab kelaverishga koʻngillari boʻlmadi.

Bu gapni eshitib Jamshid «Nima boʻlgan ekan?» degan savol nazari bilan xojasiga qaradi. Abdurahmon tabibning xavotirli gaplarini eslagan Asadbek bu qarashni javobsiz qoldirdi-da, mehmonni ichkariga taklif etdi.

Sel kabi oqib kelayotgan qimmatbaho sovgʻalar orasida tabib yuborgan maydaqaviq ikki toʻn, qiyiq, doʻppi, ikki kiyimli xonatlas gʻaribgina koʻrinardi. Shuning uchun ham tavonxonadagi xotinlar tugunning bir uchini ochib koʻrishdi-yu, «kim olib keldi?» deb soʻrab oʻtirmasdan bir burchakka qoʻyishdi.

Abdurahmon tabibning qaynisi bu hashamatli uyda, shoxona dasturxon atrofidagi dimogʻdor odamlar orasida oʻzini begona his qildimi yo chindan ham shoshqich ravishda iziga qaytmogʻi lozimmidi, har holda bir piyola choydan iborat ziyofatdan qoniqib, oʻrnidan turdi. Unga birov «Nega turdingiz?» demadi. Bundan uning koʻngli bir oz choʻksa-da, «toʻychilikda aybi yoʻq, tanimaganni siylamas», deb oʻzini oʻzi ovutdi. Koʻchaga chiqqanida masjiddan qaytayotgan Muhiddin ota bilan Jalilni koʻrib «Tanishlarim ham bor ekan-ku», deb koʻngil chirogʻi yorishdi. Jalil tabibning uzrini eshitib boʻlgach:
— Siz qayoqqa otlandingiz? — deb soʻradi.

Shomga qadar dovondan oʻtib olishni niyat qilgan mehmonning uzri qabul boʻlmadi. Jalil uni qochib ketishiga yoʻl qoʻymaydiganday bilagidan ushlab, ichkari boshladi. Hovliga kirgach, xizmatda yurgan Jamshidni chaqirib «Mehmon senlarga xor boʻldimi?» deb koyidi-da, shiypon yoniga qoʻyilgan ixcham soʻriga qarab yurdi. Soʻng «Shotirlaringning bittasiga ayt, faqat bizga qarasin. Hadeb toʻyganlaringning atrofida girdikapalak boʻlavermalaring», deb buyurdi.

Bir kosadan manpar ichilgach, mehmon qaytmogʻi zarurligini aytib, duoga qoʻl ochdi. Muhiddin ota hovlining oʻzida xayrlashdi. Jalil uni to mashinasiga qadar kuzatib bordi. Mehmon mashinasiga oʻtirib, eshikni yopishga shoshilmadi:
— Pochchamning bir topshiriqlarini bajara olmadim, agar malol olmasangiz... shu xizmatni oʻzingiz uddalab qoʻya qolsangiz, — dedi.
— Tortinmay aytovring, qanaqa xizmat?
— Pochcham kuyovlarga atab toʻn tiktirgan edilar. Oʻzing yelkalariga tashlab, xayrli xos duoyimni yetkaz, Olloh ularni yomon shamollardan asrasin, devdilar.

Jalil topshiriqni bajarishga va’da bergach, mehmon iziga qaytdi. Jalil esa hovliga qaytib, Jamshidni chaqirdi-da:
— Kuyov toʻralar qani? — deb soʻradi.
— Sochlarini taratgani sartaroshga chiqib ketishuvdi, — dedi Jamshid. — Hozir kelib qolishadi.
— Sochni uyda tarasa boʻlmas ekanmi? — deb toʻngʻilladi Jalil.
— Tarashda ham tarash bor-da, yuvadi, qurutadi...
— Burunlaring oqsa ham birovga arttirlaring. Haligi mehmon toʻn olib kelgan ekan, qaerga qoʻyding?

Jamshid «tovonxonaga beruvdim», degach, Jalil oʻsha tomon yurdi. Burchakka tashlab qoʻyilgan tugunni olib xotinlarga «senlar ham nazarga ilmadilaringmi? Senlarga faqat tillayu javohir boʻlsa, a?» deb ikki-uch ogʻiz shirin soʻz aytib chiqib, Muhiddin otaning yoniga oʻtirdi. Darvozaxonada kuyov bolalar koʻringach, oʻrnidan turib ularni chaqirdi-da, tugunni yechib toʻnlardan birini oldi.
— Qani, qiblaga qarab turib kiy-chi, — dedi avval Abdusamadni chorlab. Keyin Abdulhamidni chaqirib oqargan yuziga qaradi-da, peshonasiga kaftini qoʻyib, boshini chayqadi:
— Isitmang bor-ku, bolam, yana kostumda yurishingni qara. — Abdulhamid toʻnga yelkasini tutgan edi, Jalil amakisidan dakki eshitdi: — Betahorat odam toʻnni yelkaga tashlab yuradi. Kiyib ol. Yechma. Bu tabarruk toʻn. Senlarni yomon shamollardan asrasin, deb tabib bobolaring berib yuboribdi. Senlar ham tabarruk insonning yoshlariga yetlaring, iymonli, e’tiqodli boʻllaring.

Duodan soʻng uyga kirib ketayotgan Abdusamad toʻnini yechgan edi, Jalildan baloga qoldi. Jalil turgan yerida hammaga eshitilarli qilib baqirdi:
— Tabarruk degan narsaga fahm-farosatlaring yetadimi? Senlarning beoʻxshov zar choponlaringdan bu toʻn ming marta afzal.

Asadbek oshnasining tanobini sal tortib qoʻyish maqsadida unga yaqinlashib «qoʻy endi, yoshlarning didi boshqa» dedi-yu, u ham baloga qoldi:
— Bollaringni oʻzingga oʻxshatma. Sen tilla bahosidan qimmat toʻyonalarga mahliyo boʻlyapsanmi? Xolis niyatda berilyaptimi bu toʻyonalar, buni hech oʻylaysanmi? Minnatli narsadan qoʻrqmaysanmi?

Asadbek «boʻldi, boʻldi, seniki ma’qul», deb nari ketishdan oʻzga chorasi qolmadi.

Manzura xavotirlanavergach, vrach chaqirtirildi. Manzura kechasi oʻgʻlining isitma otashida alahsiraganidan bexabar edi. Shunday boʻlsa-da, kelinining koʻzlaridagi iztirobni koʻrib, ahvol yaxshi tomonga oʻzgarmayotganidan siqildi. Vrach Abdulhamidni koʻrayotganida Asadbek ayollarni chiqarib yubordi.
— Qimirlamay yotishlari kerak, — Vrach shu xulosani aytdi-yu, «Bu mumkinmi?» deganday Asadbekka qarab qoldi.
— Buning iloji yoʻq, — dedi Asadbek.
— Dorining kuchi bilan isitma sal ariganday boʻladi, lekin yana koʻtarilaveradi, — dedi vrach.
— Siz ketmang, shu yerda qoling. Ikki-uch soat kelinning yonida oʻtirmasa boʻlmaydi.

Abdulhamid otasini tashvishdan qutqarish maqsadida:
— Ada, xavotirlanmang, ahvolim uncha yomon emas. Oʻrnimdan turaman, — dedi. Uning gapi Asadbekka dalda boʻlib, hovliga chiqdi.

Abdusamad onasiga oʻxshash boʻshashganroq, Abdulhamid esa otasi kabi irodasi mustahkam yigit edi. Karnay-surnay ovozlari yangragach, u akasi va kuyov joʻralari hamrohligida nikoh bazmi boʻladigan restoranga borib, mehmonlarni qarshiladi.

Kelinlar mashinadan tushayotganida hamma kuyovlarning qanday qarshilashlari, kelinlarning oyoqlarini bosib qoʻyishlarini kutib, qiziqib qarardi. Manzura bilan Asadbekning koʻzlari esa asosan Abdulhamidda edi. Kelinlar mashinadan tushib, kuyovlar uzatgan benazir guldastalarni olib, tanlaganlari yonida toʻyxona sari odimlashgach, Kesakpolvon paydo boʻlib oʻyinga tusha ketdi. Kimdir buni qadrdon doʻstning quvonchi ifodasi deb qabul qildi, boshqa kimdir «kayfi oshib qoldimi?» deb oʻyladi. Ba’zilarning esa ensasi qotdi. Asadbek bu holatni gʻashlik bilan kuzata turib ancha vaqt ilgari koʻrgan tushini eslab, yuragi qalqib ketdi.

...Tobut oldida karnay-surnay, baka-bakabum avjida. Tobut ichida kafanlangan Asadbek. Oldinda esa toʻn kiyib belini bogʻlagan Kesakpolvon yer tepinib oʻynab boryapti. «Hoy axmoq, — deydi kafanlangan Asad- bek, — bel bogʻlagan odam ham tobut oldida oʻynaydimi?» Kesakpolvon qah-qah otib kuladi: «Toʻy boʻlganidan keyin oʻynayman-da... Bizga toʻy... Senga esa aza...»

Koʻrinmas barmoqlar Asadbekning tomogʻidan boʻgʻdi. Yonidagi Jamshidga qarab «ol uni!» deb ishora qildi. Jamshid ildam borib, Kesakpolvonning qulogʻiga «Bek akam chaqiryaptilar», deb shivirladi. Kesakpolvon cheksiz-chegarasiz shodon odam koʻrinishida Asadbekka roʻpara boʻldi. Asadbek sir boy bermaslik uchun:
— Mamatbeyni yaxshi joyga oʻtqazdingmi, xabar olib tur, — dedi.

«Oʻyinim Asadga yoqmadi», degan fikrdan yiroq Kesakpolvon ichkari kirib ketdi.

Kelin-kuyovlarning izidan kelayotgan Chuvrindining xotinini Asadbek toʻxtatdi-da:
— Kelganing uchun rahmat, — dedi. — Oʻgʻillaringning toʻyini xuddi shu yerda, bundan ham afzalroq qilib oʻtqazamiz.

Chuvrindining xotini titroq lablari bilan «rahmat» deb qoʻyib, boshqa soʻz aytmay xotinlar oqimida ichkariga qarab yurdi.

Nikoh bazmidan sal oldinroq yetib kelgan Iliko uzoq oʻtirmadi Asadbekni ranjitmaslik uchun ketishi sababini yashirmay aytdi:
— Toʻyda xunuk xabar aytish yaxshi emas, lekin sen bizga begona emassan... ertaga bobomni soʻnggi yoʻlga kuzatishim kerak.

Asadbek beixtiyor ravishda uni bagʻriga bosdi. Ruhi tushkun qariyaning soʻnggi gaplarini esladi.

Ilikoni kuzatib ichkari kirganida Kesakpolvon chap qoʻlida mikrofon, oʻng qoʻlida ikkita mashina kalitlarini koʻz-koʻz qilib ushlaganicha doʻsti Asadbek sha’niga maqtovlar yogʻdirardi. Maqtovlar yakun topib, mashinalarning kalitlari kuyovlar qoʻliga topshirilgach, Kesakpolvon mashshoqlarga «chal», deb ishora qilib, yana oʻyinga tushib ketdi.

Asadbek ensasi qotsa ham oʻziga tikilib turgan oʻnlab nigohlarni his qilib, oʻrtaga tushdi, shu paytgacha qilmagan ishini qildi: Kesakpolvonning ustidan pul sochdi...

Toʻy bazmi avjga chiqqanida Jamshid Asadbekka yaqinlashib:
— Bek aka, Hamid charchadi, kuyov-kelinlarga javob berishsinmi? — deb soʻradi.

Jamshid aytmasa ham Asadbek dam-badam oʻgʻliga qarab uning holsizlanayotganini sezib turardi.
— Hech kim bilmasin, avval kelin yangasi bilan sekin chiqishsin. Ketidan Hamidni oʻzing olib chiq. Samad oʻtiraversin, — dedi. Keyin tayinladi: — Kennaying ergashmasin. Mehmonlarga qarasin. Biz borguncha doʻxtir Hamidning yonidan jilmasin.

Asabdek aytganday boʻldi. Ularning chiqib ketishganini birov bildi, birov e’tibor bermadi.

Nima voqea yuz berganini Mamatbeygina sezdi. Sezdi-yu, mamnunlik bilan kulimsirab qoʻyib, Kesakpolvonni chaqirdi-da, choʻqishtirib ichdi. Shu onda Asadbekning nigohi oʻziga qadalib turganini esa bilmadi.

3

Abdulhamidning xastaligi Manzura bilan Asadbek uchun bir tashvish boʻlsa, Zaynabning nikoh bazmiga kelmagani tashvish ustiga noxushlik edi. Asadbek bazm boshlangunga qadar ham qizining kelib qolishiga umid qilib yoʻlga qarab-qarab qoʻydi. Kesakpolvon Mardona oʻldirilganidan keyin «qizing oʻzingga oʻxshaydi», deganida Asadbek achchiqlangan edi. Qizining oʻzi kabi oʻjar, choʻrtkesarligiga mana endi ishondi.

Elchinni toʻyga olib borish taklifi rad etilga-nini Manzura yumshoqlik bilan tushuntirsa-da, Zaynab otasining maqsadini angladi va oʻzining aytganidan qaytmadi. Bazmda ishtirok etmaslikka uzil-kesil ahd qilib, sartaroshxonaga otlangan akalari bilan koʻchaga chiqdi-da, kasalxonaga qarab ketdi. Jalil sochlarini tarattirib kelgan kuyov toʻralarga toʻn kiygizayotgan paytda Zaynab kasalxonaning mashinasida erini uyiga olib kelgan edi. Qoʻshnilar yordamida zambildagi bemor yangi aravachaga oʻtqazilgach, mehmonxonaga kirdilar. Mehmonxonadagi yasatigʻliq dasturxonni koʻrgan Elchin qaynotasi kelmasa ham qaynonasining kelib qolishiga umid qildi. Zaynab choy damlab, eriga quyib uzatdi-da, ayvonga chiqib onasiga qoʻngʻiroq qildi. Qizining bu ishidan hayratga tushgan Manzura:
— Voy qizimey, bugun shartmidi, a? — deyishdan boshqa gap ayta olmadi.

«Insofga kirib qolarmikinlar», degan umidda Asadbekka toʻgʻrisini aytdi. Asadbek bu xabarni eshitib, qoshlarini chimirib qoʻydi. «Mayli, kuyovni toʻyga olib kelinglar», demadi.

Zaynabning koʻrinmay qolganidan eng avvalo kelinlar havotirlanishdi. «Ularning «Zaynab bonu nechuk koʻrinmaydilar?» degan savollariga «Eri ogʻirlashib qolibdi», deb, ichida tavba ham qilib qoʻydi: Yolgʻonni Xudo kechirsin!»

Toʻydan bexabar Elchin qaynonasining kelmaganiga ajablandi. Bugun ertalab ham kasalxonadan chiqish haqida gap yoʻq edi. Zaynab «javob tegdi, ketamiz», deb kulimsiragan boʻlsa ham Elchin uning yuziga soya tashlayotgan tashvish bulutini sezdi. Vaqt oʻtib, kun botganda ham er-xotin yolgʻiz oʻtirardilar. Tilsiz, harakatsiz qoladi, deb tashxis qoʻyilgan Elchin vrachlarning kutganlarini puchga chiqarsa-da, hali bemalol gaplashib oʻtirish darajasiga yetmagan edi. Tili burro boʻlgani bilan nimalarni gaplashib oʻtirardi?

«Mening tirik qolishim sening komronligʻingmi yo baxtsizligingmi?» deb soʻraydimi? «Otang mening oʻlishimni istagan edi, tirik qolishim xonadoning uchun baxtsizlikdir? Umuman... oʻlsam nimani yoʻqotardim, tirik qolib nima yutdim? Sen meni jiyanlarimdan tortib olding hisob. Birga yashab, xush baxt boʻlishmizga ishonasanmi?» dermidi.

Bu gaplar tilga koʻchmasa ham koʻz qarashlarida zohir edi. Zaynab erining tuygʻularini toʻla boʻlmasa-da, his etardi. Goʻyo oʻsha mash'um voqea yuz bermagandek, goʻyo qalbida intiqom choʻgʻi yoʻqdek, goʻyo chalajonga aylangan bu odamni azal-azaldan yaxshi koʻradigan baxtiyor juvondek koʻrsatishga urinardi.

Elchin esa baxtiyorlik niqobi ortidagi togʻdek dard-ni qalb koʻzi bilan koʻrib turardi. Bu nozik jism bu dard togʻini koʻtarib turishga yana qancha chidarkin, deb chamalardi. U qoradori balosidan qutulishga kuch topgan juvonning bu dard togʻiga chidashgina emas, uni yiqishga ham qodir ekanini xayoliga ham keltirmas edi. Elchin Zaynabni oddiy ayollardan deb bilib, uning iroda kuchini hisobga olmayotgandi. Balki boshqa ayollar dard oldida egilib qolarlar? Lekin Asadbekning qizi egilmas, dardga yengilmas...

Zaynab laganchaga ikki kishilik taom suzib kirgach, Elchin:
— Oying kelmaydilarmi? — deb soʻradi.

Zaynab «Kelishlari kerakmidi?» degan savol nazari bilan javob qaytardi. Erining bu unsiz javobdan qoniqmaganini bilib:
— Qarindoshimiznikida toʻy, — deb izoh berdi.
— Sen nega bormading? Men ertaga chiqsam ham boʻlaverardi, — dedi Elchin.

Zaynab undan koʻzlarini olib qochib:
— Men ertaga borsam ham boʻladi, — dedi.

Taomdan soʻng televizor koʻrishdi. Har ikkovining koʻzlari tamoshada boʻlsa-da, xayollari boshqa yerlarda sarsari kezardi.

Akalari bilan kelinayalarining baxtiyor chehralari Zaynabning koʻzi oldidan nari ketmadi. «Xudo baxt beraman, desa beraverarkan-da, — deb oʻyladi u. — Bu qizlar dunyoning nariga chetida edi. Shunda ham xohlaganlariga yetishishdi. Meniki shunday yonginamda edi...»

Zaynabning taqdiriga dil maqsudiga yetolmaslik yozilgan ekan, na iloj qilsin? «Noumidlik yomon, dunyo umid bilan qoyimdir», deyishadi. Zaynab dardni umid bilan yengishga urinardi. Lekin... qurigan umid daraxti qayta gullashi mumkinmikin?.. Bu gʻam man-zilida unga nelar qolmish yana? Zaynabning yura- gida yaralangan surur bu savolga javob topolmay ingradi.

Televizordagi tamosha tamom boʻlib, qoʻshiq boshlanganida Zaynab oshxonada edi. Ma’yus ohang diqqatini tortib, soʻzlariga quloq tutdi:

Shoʻrpeshona ishqni tolega yoʻyib,

Jimgina taqdirga berganimda tan.

Ishonchu, sevgingni qoʻlimga qoʻyib

Dovdir hayotimga kirib kelding sen...

Zaynabning koʻz oldiga Jamshid kelib beixtiyor titrab, qoʻlidagi likopchani tushirib yubordi. Likopcha tushdi-yu, lekin negadir sinmadi. Singanida «Kelgan balo-qazo shunga ursin», deb qoʻyardi. Endi balo-qazo nimaga uradi?..

Elchinning koʻzlari televizorga qadalgan boʻlsa-da, xayoli toʻzonli shamol singari tentirardi.

U Zaynabni gʻamga solgan edi, endi gʻam uning oʻzini yeyarmi? Yeb-eb ado etarmi? Kasalxonada ekanida vrach yuragi ustiga kaftini qoʻyib, barmoqlari bilan urib-urib qoʻyardi. Xuddi birovning eshigini taqillatayotgandek boʻlardi. Uning qalb darvozasi ochilsa nimalarni koʻrmoq mumkin? Zulumot va oʻlimdan boʻlak yana ne qolgan bu yurakda?

Zaynabning qoʻlidagi likopcha tushgan paytda Elchin ham qoʻshiqni diqqat bilan eshitayotgandi. Uni ajablantirgan narsa — Anvar jinnixonada oʻzini osmay turib shu she’rni yozgan, qogʻozning bir chetiga esa «Dardli doʻstimga bedard Anvardan esdalik», deb imzo chekib bergan edi. Elchin ancha paytgacha ohang izlab, oʻzicha hirgoyi qilib yuruvdi.

Anvarning akasi uning daftarda qolgan she’rlarini gazetaga olib borgan, bu qoʻshiqqa asos boʻlgan she’r ham e’lon qilingan edi. Elchinni hayratga solgan narsa qoʻshiqning soʻzlari emas, balki aynan u hirgoyi qilgan kuyning yangrayotgani edi. Bu qoʻshiqni oʻzidan bosh-qa hech kim eshitmagan edi. Hatto Zaynab ham...

Inongil, bu sevgi emasdi aslo,

Aldanib oʻrtangan dard edi biroq,

Yolgʻiz sendan— yolgʻiz tasalli— sevinch,

Yolgʻiz sendan— yolgʻiz bedavo— alam.

Axir sen-la birga boʻlolmasman hech

Axir seni tashlab ketolmasman ham...

...Yolgʻiz osmondandir yupanch— tasallo...

Oshxonadan qaytgan Zaynab erining charchaganini sezib, aravachani karavot yoniga olib keldi. Kech kirib qolgani uchun qoʻshnilarni chaqirishga iymandi. Elchin uning boʻyniga osilgan holda surila-surila karavotiga oʻtdi. Yostiqqa bosh qoʻyayotgan damda koʻzlari namlandi. U shu topda yuragining yorilib ketishini istardi. Juda-juda istardi.

XXII bob

1

Dunyoda million oʻgʻri boʻlsa, birining uslubi boshqasinikidan farq qiladi. Xongireyning esa oʻgʻirlik, bosqinchilik uslubidan tashqari yana bir qiligʻi ortiqcha: yolgʻon gapirish boʻyicha u ja’miki oʻgʻrilarni dogʻda qoldirishi mumkin edi. Kattalar qamoqxonasiga tushgan Aftondil hali Xongirey laqabini olmasdan ancha ilgari ustozi Zelixonning diqqatini aynan shu odati bilan tortgan edi. Zelixon vaqtida ishonarli yolgʻonni toʻqib, yov changalidan qutulib ketishni oʻgʻrining fazilati deb bilardi. Keyinchalik Zelixon shogirdidagi bu fazilatning keragidan ortiq ekanini sezib, koʻp tanbeh bergan edi. Hatto bir kuni «Hov bola, sen shaytonni dogʻda qoldirib, bir martagina rost gapirsang-chi», degandi. Ba’zilar yolgʻoniga bosh-qalarni ishontirish uchun koʻp oʻylashadi, turli bahonalarni izlashadi. Xongirey esa bu bosh ogʻriqlardan xoli: tili hech qachon yolgʻon gapga muhtoj boʻlmaydi.

Markaziy bank xodimining qaynonasiga «Men oʻynashingdan boʻlgan oʻgʻlingman», degan Xongirey «Bu gapimga ishonadimi yo yoʻqmi?» deb oʻylab ham koʻrmagandi. Chunki xotinning ishonish yoki ishonmasligi u uchun mutlaqo farqsiz, unga muhimi — xotinning boshi qotadi.

Asadbekka otasining vasiyatini bajarish uchun Polshaga ketayotganini aytganida ham «yolgʻonim fosh boʻlsa-chi?» degan oʻyi yoʻq edi. U Polshaga otasining vasiyatini bajarish uchun ketyaptimi, rostdanam amakisi Krakovda xalok boʻlganmi — bularni bilish Asadbek uchun ham farqsiz edi. Shu sababli Xongireyning safar haqidagi gapiga uncha e’tibor bermagandi. Xongireyning nima uchun aynan Krakovga borishini u ke-yinroq oʻylab qoladi.

Xongirey Shaxovskiydagi qarorgohida birodarlarini ziyofat qilgan kuni oʻzi kutmagan holda qarmogʻiga tilla baliq ilinib qolgan edi. Yarim tunga qadar davom etgan ziyofat poyoniga yetib, mehmonlar tarqalgach, yaqinda «jinni» degan tashxis bilan qamoqdan chiqib kelgan birodari ketishga shoshilmadi. Oʻz otasini chavaqlab tashlagani uchun «Gamlet» laqabini olgan bu mehmon qolishining sababini darrov aytmadi. Maishatni tongga qadar davom ettirib charchagan Xongirey «Endi dam olamiz», degach, Gamlet muddaoga koʻchdi:
— Sen qoradoriga astoydil aralashibsan, — dedi u. — Hozir eng toʻgʻri yoʻl shu. Bir qoʻling Krasnoyarga bir qoʻling Lvovga borgani yaxshi. Lekin qulochni yana ham choʻzishing mumkin. Lvovdagilarning nayrangini bilasanmi?
— Ha, — dedi Xongirey, — Polsha bilan Ven-griyaga oshirib sotishadi.
— Bilar ekansan. Ular Polshadan men qamoqdaligimda vaqtincha foydalanishdi. Endi u yoqqa borish- sa — oʻlim topishadi. Men yaqinda Kanadaga koʻchib ketaman. Agar kelisha olsak, senga Polshani beraman. Yana qoradorining behisob xazinasi ham bor. Uni ham senga topshirgim kelyapti. Kelisha olsak bas.

Bu taklifdan soʻng uyqu ham oʻchdi, charchoq ham unutilib, shartlar, narxu navolar kelishilgach, birgalashib Polshaga borishga ahdlashishdi.

Asadbekning toʻyidan bir kun avval Xongirey Gamlet bilan birga Varshavaga yetib kelgan, ikki kundan keyin esa Krakov yaqinidagi saroymonand uyda muzokarani boshlab yuborgan edi.

Gamlet «pan Lyubomirskiy» deb tanishtirgan odamning yoshini aniqlash mushkul edi. Siyrak sochlari, baroq qoshi oppoq oqargan, bir oz bukchayib yuruvchi, ammo oʻzini tetik tutuvchi bu odamni birov yetmishdan oshgan demasdi. Gamletning aytishicha, urushdan oldin ham, nemislar xoʻjayinlik qilgan yillarda ham, sovetlar egallab turganida ham pan Lyubomirskiy oʻz kasbiga sodiq qolgan noyob odamlardan edi. Turli jamiyatlar, turli qonunlarga boʻyin egmagani uchun ham u «Oʻlmas Kashchey» laqabi bilan mashhur boʻlgandi.

Gamlet Xongireyni tanishtirayotgan mahalda maqtov soʻzlariga baxillik qilmadi. Pan Lyubomirskiy — oʻlmas Kashchey bu maqtovlarni Xongireydan koʻz uzmagan holda tingladi. Uning oʻtkir nigohiga xatto Xongireyning chaqchaygan koʻzlari ham dosh berolmadi. Gamletning maqtovlari oʻzining ham joniga tegib, «tezroq tugataqol» degan ma’noda unga qarab-qarab qoʻydi.
— Yangi doʻstimiz bizga qancha miqdorda mol yetkazib bera oladi?— deb soʻradi pan Lyubomirskiy Gamletning gaplari poyoniga yetgach.
— Buyurtma beruvchi — siz. Qancha kerak boʻlsa, shuncha olamiz. Oʻrta Osiyodan oqadigan yoʻl shuniki. Xitoyning sun'iy dorilarini Sibir orqali yetkazishi mumkin.
— Menga sun'iy dori kerak emas. Men yangi doʻstimning oʻz ogʻzidan eshitmoqchiman: birinchi galda yigirma kilo yetkazib kela olasanmi?

Xongirey «Koʻp-ku?» deb Gamletga tezgina qarab oldi. Gamlet va’da beraver, degan ma’noda oʻng koʻzini salgina qisib qoʻydi. Qariyaning sergak nigohidan bu chetda qolmagan boʻlsa-da, tanbeh bermay, Xongireydan javob kutdi:
— Men yaxshi tushunmadim, — dedi Xongirey pinagini buzmagan koʻrinishda, — yigirma kilomi yo yigirma tonnami?

Pan Lyubomirskiy Gamlet bilan koʻz urishtirib olib, kulimsiradi:
— Qanday shartlaringiz bor?
— Shart yoʻq, faqat ayrim masalalarni kelishib olish kerak. Birinchisi: molni olishga odamingiz qachon boradi?
— Odamim bormaydi. Men «Yigirma kilo yetkazib kela oladimi?» deb soʻradim. «Odamim borib keladi», demadim.
— Hisob-kitob-chi?
— Hisob-kitob shu yerda boʻladi. Molni qoʻyasiz, pulni olasiz. Xohlang dollarda, yoki funt sterlingda, yoki markada oling. Istasangiz Shvetsariya bankiga oʻtkazamiz. Ha, shart ogʻirlik qilyaptimi? Bilaman, bu ish ogʻir, lekin shunga yarasha haq toʻlayman.

Bu yerga kela turib Gamlet «shartlashishda juda chuqurlashma, asosiy masala hal etilsa bas, mayda-chuydalarga e’tibor qilma», deb ogohlantirgan edi. Shunga koʻra, Xongirey gapni choʻzmasdan, kelishganining ramzi sifatida oʻrnidan turib, qoʻl uzatdi. Pan Lyubomirskiy yoshi ulugʻligining imtiyozidan foydalanib, oʻtirgan yerida qoʻl uzatdi.
— Biz Gamlet bilan yaxshi ishladik, — dedi u. — Siz tomondagi ba’zi odamlar «Polshalik hamma narsasini sotishi mumkin», deb gapirib yurishadi. Polshalik boshqa narsalarni pullasa ham ahdga sadoqatini sotmaydi. Gamlet buni bilardi. Siz ham shu haqiqatni unutmasangiz ikkalamiz birgalikda uzoq yashaymiz.

Ular Krakovda yana ikki kun mehmon boʻlishgach, Moskvaga qaytishdi. Va’dasining birinchi bosqichini bajargan Gamlet ahddagi belgilangan haqini olgach, ikkinchi bosqichga oʻtishdan oldin «Oʻlmas Kashcheyni dogʻda qoldiraman, boshqa shaharlar bilan ham oʻzim gaplashaman», deb oʻylama. U tirik ekan, Krakovdan nariga sen uchun yoʻl yoʻq» deb ogohlantirdi.

2

Moskvadan «Tez yetib kel!» degan buyruqni olgan Selim bu chaqiruvdan bir oz sarosimaga tushdi. U Kesakpolvondan yashirincha eski tanishlari orqali kamroq boʻlsa-da, oldi-sottisini boshlagan edi. Kesakpolvondan maxfiy tutilgan ish u tomonga ma’lum boʻlib qoldimikin, degan tashvishli oʻy uni Xongireyning huzuriga kirgunicha ham tark etmadi. Ochkoʻzligi uchun oʻzini oʻzi la’natlab, bundan bu yogʻiga halol xizmat qilishga qasam ichib bordi. Qarorgohda emas, «Lebedinaya pesnya» deb ataluvchi restoranda kutilajagi ham uni anchagina tashvishlantirdi. Taksichi soʻrab-surishtirib, uni manzilga tashlab ketgach, u «Lebedinaya pesnya» degan yozuvga tikilganicha bir oz harakatsiz turdi. Soʻng «Tavakkalchining ishini Xudo oʻnglaydi», degan fikrda pastga olib tushuvchi zinaga oyoq qoʻydi.

Katta xonadagi dasturxon atrofida oʻtirganlarga bir-bir qarashga botina olmadi. Toʻrda oʻtirgan Xongireyning yonidagi polkovnikni koʻrishi bilan yuragi urishdan naq toʻxtaganday boʻldi. Moskvaga shoshqich chaqirilganining sababini anglab, Xongireyga «Rahm qiling, jonimni olmang», deganday moʻltillab qaradi.
— Odobli bolalar kirganda salom berishlari kerak, — dedi Xongirey uni oʻtli nigohi bilan qarshilib.

uni Xongireyning roʻparasidagi stulga oʻtqazdi. Xongirey hol-ahvol soʻramagani uchun Mamatbey ham indamadi. Selimning qarshisidagi katta qadahga toʻldirib aroq quygach, past ovozda «ich» deb buyurdi. Selim qadahni yarimlaganda Xongirey:
— Polkovnikni tanidingmi? — deb soʻradi.

Kutilmaganda berilgan bu savoldan Selim qalqib ketib, yoʻtaldi. Labiga sochiqni bosib, oʻziga kelgach, «taniyapman», dedi.
— Shunday ajoyib qahramon bilan tanishligingni bizga aytmovding? Nega aytmovding, a?

Selim «bilmadim», deganday yerga qaradi.
— Toʻgʻrisini aytaver, sen buni oʻlib ketgan deb oʻylagansan, a? Ha, umuman... toʻgʻri oʻylagansan. Polkovnik sen tiqib qoʻygan qamoqxonada oʻlgan edi. Biz uni tiriltirib olib chiqdik. Buni qaraki, polkovnik seni oʻlgan, deb yurgan ekan. Sen qanday qilib tirik qolding, bunga aytib ber. Axir tobutni ochganingda portlab ketuvding-ku, toʻgʻrimi?

Selim aybdor bola kabi yerga qaradi.
— Tobut portlaganmidi, deb soʻrayapman?!
— Ha...
— Sen buni qamatding, qamoqda oʻlib ketadi, deb oʻylading, bu esa tobut minalashtirilganini senga aytmadi. Ikkoving ham gʻirrom oʻyin qilgansanlar. Birinchi galda sen oʻlishing kerak. Nafsi nahangnikidan battar ablah oʻlsa, yer ham mazza qiladi.

Selim asta qaddini koʻtardi, soʻng stulni surib tashlab, tiz choʻkdi-da, jazavaga tushib, tavba qila ketdi. Uning bu qiligʻi Xongireyga yoqmay, Mamatbeyga qarab qoʻygan edi, u Selimning gardanidan ushlab turgʻizib, joyiga oʻtqazdi. Xongirey unga nafrat bilan tikildi. Selim uning tilidan oʻlim xabarini kutib, nafas yutdi. Xongirey uni lol qoldirib, hukmini oshkor qilmadi, Gamlet bilan koʻz urishtirib olgach, oʻrnidan turdi. Gamlet bu qarashning ma’nosini anglab, qadahini yarimlatgan holda tashlab ketgisi kelmay, bir koʻtarishda boʻshatdi-da, u ham oʻrnidan turib mezbonga ergashdi. Ular chiqib ketishgach, endigi taqdiri nima boʻlishini bilolmayotgan Selim polkovnikka qaradi. Polkovnik xumorbosdi qilolmaganidan garangmidi, har holda esi ogʻib qolgan odam kabi oʻtirardi.

Selim uni dastlab shu holda koʻrganidayoq qoradorisiz turolmaydigan toifadan ekanini sezgan edi. Hordiq chiqarish maqsadida Qora dengiz sohiliga kelgan Selim mehmonxonaning eng yaxshi, eng qimmatbaho xonasida maishat qilardi. Afgʻonistondagi qahramonona xizmatlari uchun ta’til berilgan polkovnik ham sanatoriydagi davolanishini tugatgach, iziga qaytishga shoshilmay, mehmonxonaga joylashib, ayshini surib yurgan edi.

Taqdirning oʻyinini qarangki, dahlizning bir tomonidagi eshik Selimniki, roʻparasidagi esa polkovnikniki edi. Ular dastlab ayni shu dahlizda uchrashdilar. Ikkovi ham kun yoyilgan mahalda, ayni bir xil yumush bilan — tungi mehmon «qushcha»ni kuzatgani eshikni ochgan edilar. Oʻsha kuni peshinda restoranda uchrashdilar. Keyin bir-birlariga roʻpara kelganlarida salomlashdilar. Shu zaylda boʻlajak hamkorlikning eshigi qiya ochila boshladi. Bir kuni kechasi polkovnik Selimning eshigini taqillatdi. Koʻzlari kirta-yib, bezgak tutganday titrayotgan polkovnikni boshqa odam koʻrsa «bechoraning tobi qochib qolibdi», deb oʻylashi mumkin edi. Lekin bunaqa xolatlarni koʻp uchratgan Selim uning maqsadini darrov angladi. Polkovnik u damda Selimning qoradori bilan shugʻullanishini bilmas edi. U tunda qoradori ilinjida emas, pul soʻrab chiqqandi. Selim «yarim tunda pulni nima qilasiz?» deb oʻtirmay, soʻraganini berdi. Qoradorini shu mehmonxonaning oʻzidan topish mumkinligini bilgani uchun ham gapni aylantirmadi.

Ertasiga peshinga yaqin polkovnikning eshigini taqillatdi. Ichkaridan javob boʻlavermagach, xonasiga qaytib, telefon qildi. Goʻshakda polkovnikning uyqusiragan ovozini eshitib:
— Polkovnik, yaxshi damlarni uyqu bilan oʻtkazib yuborish gunoh, eshikni oching, — dedi.

Polkovnikda bir oz karaxtlik sezilsa ham, tundagi ahvoliga nisbatan ancha tetik edi. Bitta olma bilan, yarim shisha aroq koʻtarib kirgan Selim qadahlarni toʻldirib, bittasini soʻzsiz, iltifotsiz tarzda koʻtardi. Polkovnik esa qadahni afsun qilayotganday tikilib turgach, u ham bir koʻtarishda boʻshatdi. Selim tungi chorlovdan gap ochmadi. Aksincha, bu yerdagi maroqli kunlarni ta’riflab oʻtirdi-da, polkovnik uchun sira kutilmaganda gapni qoradoriga burib yubordi:
— Polkovnik, afgʻondagi koʻp yigitlar nashavand, giyohvand boʻlib qolarkan, shu rostmi? — deb soʻradi.

Polkovnik «rost, mening ahvolimni koʻrmayapsanmi», deganday unga soʻzsiz qarab turgach, asta ochila boshladi. Selim polkovnikning qitiq patini toʻgʻri topgan edi. U afgʻondagi zobitlarning ayrimlari hech tap tortmasdan qoradori olib oʻtishayotganini bilardi. Uning moʻljalicha, bu polkovnik ham shundaylardan edi. Chunki polkovnikning maishati uchun oʻnta zobitning maoshi ham kamlik qilardi. Selimning moʻljalicha, polkovnik bu yerga qoradori bilan kelgan, bir qismini sotganu pulini sovurib yuborgan. Oʻziga olib qoʻyganining tugab qolganiga ahamiyat bermay, tunda xumorning jazavasidan uygʻongan...

Polkovnikdan sir olish uchun uni yana ikki kun mehmon qilishga toʻgʻri keldi. Ular bir-birlaridan hadiksiragan holda asta-sekin bir-birlariga yaqinlashdilar. Oqibat shu boʻldiki, polkovnik Selim yashaydigan joyga yaqin bir qishloqdagi qabrda katta boyligi borligini bildirdi. Jangda halok boʻlgan yigitning jasadini temir tobutga solishdan oldin uning qorniga oʻn kilodan moʻlroq qoradori joylaganini ayt-di. Marhumning ismi-nasabini, qabrning tartib raqamini ham yashirmadi. Bu boylikka teng sherik boʻlish haqidagi ogʻzaki ahdnomaga qoʻl tashlashdi.

Hosil boyvachcha Selimni qayirib olmoqchi boʻlganida «Sen mayda baqqolsan, katta ishlarga fahming yetmaydi», deb yanglishmagan edi. Polkovnikdan sir olgach, befahmligi tufayli shoshib qoldi. Ahdnomadagi boylikning yarmiga qanoat qilmay, barchasiga ega chiqqisi keldi. Bu ishni osongina uddalash mumkinday tuyulib, polkovnikning jomadoniga qoradori solib qoʻydi-yu, oʻsha zahoti militsiyaga qoʻngʻiroq qildi. Qoʻllari kishanlangan polkovnikning olib ketilishini eshik tirqishidan kuzatib, «Xudoga shukr», deb qoʻydi.

Xonasiga militsiya bostirib kirib, jomadondan qoradori topgach, polkovnik kim tomonidan xoinlik boʻlganini darrov angladi. Shu bois ham qoʻli kishanlangan holda dahlizga chiqqanida Selimning tirqishdan moʻralab turganini sezganday, ayanchli ravishda kulimsirab qoʻygan edi.

Selim bu kulimsirashning ma’nosini keyinroq tushundi.

U shoshqinch ravishda uyiga qaytib, aytilgan mozoristonga bordi, aytilgan qabrni topib, quvonchdan yuragi toshib ketay dedi. U katta boylikdan bir quloch yuqorida turardi, temir tobut qazib olinsa bas... Boylikdan emas, oʻlimdan sal nari turganini u keyinroq bildi.

Qoʻshni shaharga borib bir mayxoʻr payvandchini topdi. Avval hovlisidagi tok soʻrilarini yangilatdi. Ishdan keyin saxiy toʻra kabi payvandchini obdon siyladi. Payvandchi galdirab qolgan paytda katta pul va’da qilib, mozoristonga boshlab bordi. Qabr ochilib, belkurak temirga «taq» etib urilganda hovuch-hovuch tillalar choʻntagini toʻldirib qoʻyganday quvondi. Temir tobut usti tuproqdan tozalangach, uni yuqoriga koʻtarish muammosi tugʻildi. Shunda payvandchi «tepaga chiqarib nima qilamiz, joyida ochaman, keyin koʻmib qoʻyaveramiz», deb pastga tushdi. Mayitning qornini moʻl, temir tobutning oʻrtasini kavsharlagichning oʻtli tili bilan doira shaklida kesa boshladi.

Qishloqning kimsasiz mozoristonida, yulduz toʻla osmon ostida vahshiylik deyilsa vahshiylikdan-da yuksakroq, hayvonlik deyilsa undan-da ustunroq, haromilik deyilsa undan-da tubanroq bir yumush bilan band edilar. Temir tobut bilan olovli til orasida sachrayotgan uchqunlar shaytonlar shodiyonasida otilayotgan mushak kabi edi...

Payvandchi bir oz ishlagach, yuqoriga qaradi:
— Xoʻjayin, yuzta otib olmasam boʻlmaydi, qoʻlansa hid tomogʻimni gʻip boʻgʻdi, — dedi u.
— Ozgina chida, oldingga yuz shishani terib qoʻyaman, ichaverasan, — dedi Selim.

Payvandchi yana ozgina ishlagan boʻldi-yu, yana zorlandi. Uchinchi marta yalingach, Selim koʻchada qoldirib kelgan mashinasi sari yurdi. Mozoristondan chiqishga ulgurmay, kuchli portlashdan esxonasi chiqib ketdi. Qoʻrquvdan oʻtirib qolganini oʻzi ham sezmadi. Bir necha daqiqa hushsiz oʻtirdi, keyin nima voqea yuz berganini anglab, shoshilganicha mashinasiga oʻtirdi-yu, qishloqni katta tezlikda tark etdi.

Qabristondagi portlash haqida turli mish-mishlar tarqaldi. Militsiya bir qancha vaqt jinoyat izini qidirganday boʻldi. Ashyoviy dalil sifatida yigʻib olingan odamning boʻlak-boʻlak a’zolaridan biron-bir xulosa chiqarish imkoni boʻlmadi.

Oradan kunlar oʻtib, Selimning vahimasi bosildi. Jonini saqlab qolgani uchun bir qoʻy soʻydirib, xudoyi qildi. Bu dunyoda polkovnikning turqini koʻrmasam kerak, deb yurardi. Polkovnik bilan Gamletning bir qamoqxonada uchrashib, til topishib qolishlarini u qaerdan bilsin? Qoradori bilan qoʻlga tushib qamalgan zobitda gap koʻpligini sezgan Gamletning muddaoga yetishini Selim oʻylab ham koʻrmagan edi.

Alhol, «Lebedinaya pesnya» restoranidagi dasturxonning narigi betida garangsib oʻtirgan polkovnikka tikilib qolgan Selim uning bu yerda paydo boʻlishi tafsilotlarini bilmas edi. Oralarida noz-ne’matga toʻla dasturxon emas, balki oʻlim jari ustiga tortilgan qil koʻprik mavjudligini, bu qil koʻprikdan avval kim qulashi Xongireyning marhamatiga bogʻliq ekanini uning kalta fahmi idrok etolmasdi.

Selim polkovnikning bema’no boqayotgan koʻzlariga tikila turib, unga la’nat oʻqlarini yogʻdirdi. Boshiga tushgan koʻrgulik uchun uni aybladi. Tobut portlagan paytda ham shu fikrda edi. Oʻshandan beri «bu koʻrgulikka polkovnik emas, oʻz nafsim aybdor», degan haq fikr xayolini yoritmadi. Agar birov, aytaylik, Xongireymi yoki Mamatbeymi shunday desa ham bu haqiqatni tan olmagan boʻlardi. «Oʻliming oldidan bir soʻz ayt», deb soʻnggi imkon berilsa, oʻshanda ham nafsini emas, polkovnikni la’natlay-la’natlay jon bergan boʻlardi.

Mamatbey «sogʻinib qolgan boʻlsa maza qilib tikilib toʻyib olsin», deganday indamasdan turdi. Soʻng bu manzara gʻashini keltirib, eshik ogʻzidagi yigitga ishora qilgan edi, u polkovnikni boshlab chiqib ketdi. Shundan keyin Mamatbey Selimning qadahini yana aroqqa toʻldirdi.
— Ich, qorningni toʻygʻazib ol.

Selim bir-ikki qultum ichdi-yu, qadahni yana jo-yiga qoʻyib, Mamatbeyga qaradi:
— Mamatbey, axir... u paytda sizlarni yaxshi bilmasdim... Men yolgʻiz ishlardim. Oʻtgan ish oʻtib ketdi... Men sizlarga xiyonat qilmadim-ku?
— Senga birov «xiyonat qilding?» dedimi? Ol, ichib qoʻy.
— Men...
— Dovdirama. Shunchalik quyonyurak ekansan, nima qilarding katta ovga osilib. Seni oʻldirmaymiz. Seni bizga Hosil sovgʻa qilib ketgan. Biz sovgʻani bekordan bekorga tashlab yubormaymiz. Bundan bu yogʻiga qada-mingni bilib bos.
— Men.. bolalarimdan xabar olib kelay.
— Ahmoq ekansan! Knyaz sening joningni qaytib berdi. Bu mukofot uchun xizmat qilishni oʻylamay, bolalarim, deysan, a? Sen bolalaringni unut. Hozir izingga qaytasan.
— Bir oʻzimmi?
— Agar yoʻq demasang birga borardim.

Bu piching zamirida «endi sen yolgʻiz yurmaysan, shunga aqling yetmadimi?» degan ma’no yotardi.

Moskvadan qaytishgan kunning ertasiga Mamatbey xoʻjayiniga qoʻngʻiroq qilib, undan topshiriq oldi-da, goʻshakni joyiga qoʻygach, bosh chayqaganicha, afsus bilan:
— Knyaz xunuk xabar yetkazdi — polkovniging oʻlibdi. Yuragi chatoq ekan-da, a? Aytmoqchi, sening yuraging ham bezovtalanib turadimi? — dedi.

Selim bu aytilmish gapning yopinchigʻi ostida qanday ma’no yashirinib yotganini anglasa-da, biron nima demoqqa chorasizligi tufayli tilini tiyishga majbur boʻldi. Selim Moskvaga chorlanib, uchib borayotgan mahalidayoq, Xongirey tomonidan taqdiri hal etilib qoʻyilganini bilmasdi. Iziga qaytilib, Haydar yoʻqlangach, Xongireyning biron topshirigʻi aytilar, deb oʻylab, yanglishmadi.

Kesakpolvon kelgach, Mamatbey undan hol-ahvol soʻragan boʻldi-da, Asadbekning aytgan gapiga zid ravishda, Xongireyning undan norozi ekanini bayon qildi. Narkokurer tanlashda asosan Kesakpolvon adashgani, Mamatbey bilan Selim unga toʻla ishonib, xatoga yoʻl qoʻygani uchun Xongirey tomonidan tanbehga loyiq koʻrilgani ham bildirildi.

Norasmiy xoʻjayinning shoshqich ravishda Moskvaga chorlanganidan xavotirda yurgan Kesakpolvon «Selim shu maqsadda chaqirilgan ekan-da?» degan oʻyda tashvishini bosdi. Mamatbey xoʻjayinining marhamati tufayli bu safar hech kim jazolanmasligini aytgach, yangi narkokurer tanlashda adashish qimmatga tushajagidan ogohlantirdi. «Qani, bular oʻylashsin-chi, kimni taklif etisharkin», degan fikrda ulardan javob talab qilib, shoshirmadi. Ulardan sado chiqavermagach, ikkovini hayrat dengiziga uloqtirib:
— Xongireyning fikricha bu safar tavakkal qilmay, ikkovlaringdan birlaring borishlaring kerak,— dedi.

Bu kutilmagan taklif Selimni ham, Kesakpolvonni ham dovdiratib qoʻydi. Ayniqsa oʻzini bu tomonlarning xoʻjayini deb yurgan Kesakpolvon dastyorlikka tushib qolishini hazm qila olmadi. Ichida «Xongireyingni ham, oʻzingni ham...» deb soʻkindi-da, «Bu senbop ish ekan», degan ma’noda Selimga qaradi. Selim ham oʻz navbatida «Men Xongireyning bu yerdagi vakiliman, demak, bu ishni senga yuklayman», degan ma’noda unga tikilib oldi.

Mamatbey ichki talvasadagi bu ikki odamning holatidan oʻzicha kulib qoʻydi-da, ajrim chiqardi:
— Haydar bu sohani yaxshi bilmaydi. Selim, sen bunaqa ishda har qanaqa itni tiriklayin yutvoradigan boʻlib qolgansan. Knyazga bir xizmat qilib, oʻzingni oqlab olmaysanmi? Haydar ishonchli yigitlaridan birini senga dastyorlikka beradi.

Mamatbey muloyim ohangda gapirgan boʻlsa ham, Selim taklif emas, buyruq berilganini, itoat etishga majburligini anglab, bu fikr Kesakpolvondan chiqqanday unga oʻqrayib qarab qoʻydi. Kesakpolvon beradigan yigit dastyor emas, uni bir qadam nari-beriga yurishga yoʻl qoʻymaydigan qoʻriqchi ekanini angladi.

3

Selimning yonida kim borishi oʻylanayotgan paytda Jamshid Tarzanni Asadbekka roʻpara qilib, uchrashuv natijasini koʻchada kutib turgan edi. Xojasi atrofiga ishonchli yigitlarni toʻplash niyati borligini aytmasa-da, Jamshid uning maqsadini uqib, Tarzanni ham, uning yigitlarini ham avval oʻzi chigʻiriqdan oʻtkazib koʻrgan edi. Tarzanning Asadbekka ma’qul kelishiga ishonib, yanglishmagan ekan. Asadbek Tarzanga ijozat bergach, Jamshidni chaqirib «bu bollardan oʻzing koʻz-quloq boʻlib tur, hozircha jim yurishsin. Xarajatlari mening boʻynimda», deb tayinladi.

Jamshid otasining ahvolidan xavotirlangani uchun ruxsat soʻrab uyga barvaqtroq qaytgan edi. Oʻgay onasi bilan ikki-uch ogʻiz soʻzlashishga ulgurmay, Kesakpolvondan chopar keldi.

Jamshid Mamatbeyni Asadbekning toʻyida koʻrganida u tanimaganday oʻtib ketgan edi. Hozir esa Jamshidni oʻrnidan turib qarshiladi. Uzoq vaqt koʻrmay, sogʻinib qolgan ukasining diydoriga yetgan baxtiyor akaday soʻrashdi. Zarur topshiriq berish uchun emas, shunchaki soʻrab qoʻyish uchun chaqirganday gaplashib oʻtirdi. Soʻng soatiga qarab oldi-da:
— Ikki soatdan soʻng Krasnoyarga uchasan, — deb unga sinovchan tikildi.

Asadbek tomonidan ogohlantirilgan Jamshid bu amrni xotirjam ravishda qabul qildi.
— «Nimaga?» deb soʻramaysanmi?
— Haydar akam «nimaga?» degan savolni yomon koʻradilar. «Xoʻp», deyishni yoqtiradilar, — dedi Jamshid Kesakpolvonga qaramay.
— Bolaning tarbiyasi menga yoqdi, — dedi Mamatbey kulimsirab, soʻng oʻrnidan turib, Jamshidni yon tomondagi eshik tomon boshladi-da, pardani sal tortib, qoʻshni xonaga ishora qilib: «qara», dedi. Jamshid oromkursida yastanib oʻtirgan Selimni koʻrdi-yu, Mamatbeyga «qaradim, endi bu yogʻi nima boʻladi, aytavering», deganday boqdi.
— Taniysanmi?
— Sal-pal.
— Yaxshi. Yoʻlda durustroq tanishib olarsan. Sen shu akangni Krasnoyarga kuzatib borasan. Kiprik qoqmay kuzatasan, sal nari-beri boʻlsa, ayab oʻtirmay yoʻqotasan. Krasnoyarga borib, «Sibir» mehmonxonasiga joylashasanlar. Uning qoʻlidagi molga ehtiyot boʻlasan. Kechasi u uxlasa uxlasin, sen uxlamaysan. Tongda koʻchaga chiqasan-da manavi raqamga telefon qilib Nikita Varshavskiyni soʻraysan, — Mamatbey shunday deb unga bir parcha qogʻoz berdi. — Unga «molni olib keldim, sizni qiziqtiradigan qogʻoz aeroportdagi avtomat yukxonaning qirq oltinchi katagida» desang bas. Oʻsha zahoti temiryoʻl bekatiga borasanu Novosibirga joʻnaysan. U yerdan bu yoqqa uchasan. Qolgan gapni keyin gaplashamiz.

Mamatbey topshirigʻini aytib boʻlgach, Kesakpolvonga «chaqir», deganday qarab qoʻydi. Kesakpolvon ziyrak va chaqqon dastyor kabi oʻrnidan turib eshikni ochdi-da, Selimni chaqirdi.

Yoʻlda Selim oʻzini moʻmintoy bola singari tutdi. Jamshidga ogʻirligi tushmadi. Mehmonxonaga joylashishgach, restorandan yemoq-ichmoqqa lozim narsalarni buyurib, yaqindan tanishganday boʻlishdi. Moʻljaldan koʻproq ichib olgan Selim bu yigitga hasrat daftarini ochmoqni istadi. Portlagan temir tobut, kutilmaganda paydo boʻlib qolgan polkovnik haqida gapirib, oʻzining jabrdiyda ekanini aytib rahm-shafqat uygʻotishni moʻljal qildi. U Jamshidga berilgan topshiriqdan bexabar, ertalab mijozga qoʻngʻiroq qilish bilan vazifasini uddalab iziga qaytishdan umidvor edi. Mijozning Kozlovga tegishli yigit ekani, uning allaqachon hibsga olingani esa, shubhasiz, Selimga ma’lum emasdi. Dastlab hasratini ochishni istagan Selim fikridan qaytib, tilini jilovlashga harakat qilgan boʻlsa-da, aroqning kuchi bilan chuldiray-chuldiray, gap orasida Afgʻondan kelgan temir tobutning portlaganini aytib qoʻydi. Jamshid buni muhim jiddiy gap sifatida qabul qilmadi. Uyga qaytgach, zimmasiga yangi vazifa yuklatilganda Selimning mastlikda aytib qoʻygan bu gapini oʻzicha tahlil qildi.

Aroq kuchini koʻrsatib, Selimni qulatib qoʻya qoldi. Jamshid uni arang sudrab karavotiga yotqizib «rostdanam qattiq uxlayaptimi yo nayrang qilyaptimi?» degan gumonda tez-tez qarab turdi.

Jamshid belgilangan vaqtda koʻchaga otlandi. Selim qoʻldan qoʻymay koʻtarib kelgan diplomatga qarab oldi-da, uyqudan uygʻonganida koʻrajak tomoshalarni koʻz oldiga keltirib, unga achindi.

Krasnoyarda ham, Novosibirda ham Asadbekka qoʻngʻiroq qilish imkoniyati boʻlsa-da, Jamshid bundan oʻzini tiydi. Qaytganidan keyin ham unga uchramay, Mamatbey qoʻnoq tutgan joyga kelib, hisobot berdi.

Mamatbey uning gaplarini e’tiborsizlik bilan tingladi. Jamshid arzimagan yumushni bajarib qaytib, koʻpirtirib maqtanayotgan boladay oʻzini noqulay sezdi. U gapdan toʻxtagach, Mamatbey Kesakpolvonga qarab:
— Krasnoyardagilar qoʻngʻiroq qilishdi, Selim ham qoʻlga tushibdi, — dedi. Keyin arzimagan narsani eslaganday ilova qildi: — Bechoraning yuragi kasal edi, ularning qiynashlariga chidarmikin?

Jamshid ham, Kesakpolvon ham bu achinish zamirida qanday ayanchli oqibat yotganini anglab, bir-birlariga ma’nodor qarab oldilar.

Mamatbey yon choʻntagidan qizil jildli guvohnoma chiqarib, Jamshidga uzatdi:
— Sen endi afgʻon urushining faxriysisan. Markaziy kengash a’zosi sifatida afgʻonda oʻlgan uch-toʻrt quroldoshingning oilasidan, qabrlaridan xabar olib kelasan. Esingdan chiqmasin, ularning qabrlari atrofi obod boʻlsa ham, qarovsiz qolibdi, deb tanbeh berib kelasan, — Mamatbey stol ustida turgan gazeta parchasiga oʻrogʻlik pulni koʻrsatib, qoʻshib qoʻydi: — Bu pullarni oʻlganlarning ota-onalariga boʻlashib berasan. Kiyimlaringni oʻzgartir, ularda yaxshi taassurot qoldirishga harakat qil. Yaqinda Moskvadan maxsus vakil kelishini ham ayt. «Oʻgʻillaringga orden berilgan ekan», deb quvontirib qoʻy.

Jamshid boradigan manzillarni yozib olgach, ketishga ijozat soʻradi.

XXIII bob

1

Qish chillasida qaynoq qor yogʻishini kutgan kabi Asadbek ham, Manzura ham oʻgʻillarining sogʻayib ketishiga umid qilishardi. Chaqirilgan vrachlar aniq tashxis qoʻyolmay Asadbek qarshisida mulzam boʻlishardi. Toʻyning ertasiga Abdurahmon tabibnikiga borib kelgan Jalil ham tayinli gap aytmadi. Tabib berib yuborgan turkana dori ozgina em boʻlganday tuyuldi, hatto Abdulhamidning betlariga qizillik yugurdi. Lekin oradan kun oʻtgach, avvalgi ahvoliga qaytdi. Abdulhamid ota-onasi, ahli ayoli huzurida oʻzini tetik tutishga harchand urinmasin, turaridan yotari koʻpayib borardi.

Asadbek Abdurahmon tabibning kasallik haqidagi mujmal javobidan, koʻrgani kelmaganidan noxushlik isini sezib, yuragi poralandi. «Xudo xohlasa otdek boʻlib ketadi», deb Manzurani yupatsa ham, bu yupanch soʻzlariga oʻzi ham ishonmay borardi. Vrachlardan biri «Bu kasallik bizga noma’lum, Moskvadan doʻxtir chaqirganingiz ma’qul», degach, Asadbek Ilikoga qoʻn-gʻiroq qildi. Tavsiya etilgan vrach Abdulhamidni koʻr-gach:
— Hamkasblarim adashishmagan, — dedi. — Bu tropik bezgak emas, lekin shu turdagi kasallikning bizda hali yaxshi oʻrganilmagan turi. Moskvada sakkiz kishining ogʻrigani qayd etilgan.
— Tuzalishganmi? — Asadbek shunday deb soʻradi-yu, keyin afsuslandi. Undan «Yoʻq, hammasi oʻlgan, sizniki toʻqqizinchisi», degan javobni kutib, yuragi poralandi.

Vrach uning savolini eshitmaganday, javob qaytarmadi.
— Bu kasal yuqumli emas, faqat qondan oʻtishi mumkin.
— Qondan? Qanday qilib?
— Masalan igna orqali... yoki biron doriga aralashib...
— Nima qilish kerak?
— Eng yaxshi dori – umid, azizim, — dedi vrach. — Oʻgʻlingiz yosh, baquvvat, kasalni oʻzining quvvati bilan ham yengishi mumkin. Olayotgan dorilarini esa davom ettirish zarur...

Moskvalik vrachni kutib olgan Boʻtqa uni izzat-ikrom bilan kuzatdi.

Asadbekning koʻziga dunyo qorongʻu boʻlib turganida Jamshid kirib keldi. U xojasining ahvol-ruhiyasini koʻriboq iziga qaytishga oshiqdi. Lekin Asadbek unga ruxsat berishga shoshilmadi. Hozir yonida sirdosh boʻlmasa ham, bir odam oʻtirishini istardi. Xuddi motamni boshlab yuborganday tumtayib oʻtirish oʻziga ham ta’sir qilib:
— Qayoqlarda yuribsan? — deb soʻradi.
— Krasnoyarga borib keldim...

Bu gapdan keyin gʻamnok Asadbek asl Asadbekka aylanganday boʻldi. Jamshid safari haqida batafsil ma’lumot bergach, afgʻonda halok boʻlganlarning qabrlarini ziyorat qilib qaytganini ham aytdi.

Bu yangiliklarni eshitgan Asadbek oʻyga toldi. Qabr-lar bilan qiziqqan Xongireyning maqsadini anglaganday boʻldi. U qoradorini shahardan shaharga, mamlakatdan mamlakatga olib oʻtishning turli yoʻllarini eshitgan edi. Hatto qoʻylarga nasha barglari yedirib, qumaloqlarini olib oʻtuvchilarni ham bilardi. Lekin bunaqasi... Hatto oʻlikni tinch qoʻymasliklari... Asadbekning vujudi bir toʻlgʻonib oldi-yu, ammo oʻzini bosishga kuch topdi.

Jamshid yangiliklarini bayon etish jarayonida Xongireyning maqsadini anglaganiga ishora qilgandi. Shu sababli Asadbek oʻylaganlarini, gumonlarini, xulosalarini unga oshkor qilmadi. Faqat «Sergak boʻlib tur», deb ogohlantirdi.

Jamshid ketgach, Asadbek uning gaplarini yana fikr tarozusidan bir-bir oʻtkazdi. Uning Selim bilan yaqin salom-aligi boʻlmasa-da, qoradori bilan shugʻullanishini yaxshi bilardi. Hosilboyvachcha bilan kelisholmay yurishidan ham xabardor edi. Oʻtgan yilgi gʻalvalardan soʻng uning izini yoʻqotgan edi. Bu yil kutilmaganda paydo boʻlishi, yana Kesakpolvon bilan osh-qatiq boʻlishligi sabablarini Asadbek hali tushunib ulgurmay, ish bu tomonga aylanibdi. Mamatbey «yuragi chatoq» degan boʻlsa, demak, Selimga birinchi soʻroq ham nasib etmaydi. Militsiyaga koʻp gaplarni aytishi mumkin boʻlgan odamning koʻp yashashiga yoʻl berilmaydi.

Bu masalada Asadbek yanglishmagan edi.

Jamshid Novosibirdan uchgan paytda bir kishilik qamoqxonada oʻtirgan Selimning baquvvat yuragi urishdan toʻxtagan edi...

Selim Xongireyning qahrli nigohiga roʻpara kelgan ondayoq uning koʻzlaridan oʻlim hukmini oʻqigan edi. Restorandagi talvasasi bejiz emasdi. Lekin Mamatbeyning gapiga ishonib, shafqatga umid qildi. Krasnoyarga joʻnatilishida ham bir zulmni sezib tursa-da, yana umidga aldandi. Hatto militsiya mashinasiga oʻtirayotganida, qamoq xonasiga kirganida ham umidini uzmagandi. Xongireyning atrofida zir qaqshab yashagandan koʻra, turmada umr kechirish unga rohatday koʻrinib, bu qismatidan rozi boʻldi.

Boshidagi garanglik chekinib, xayoli bir oz ravshanlashgach, koʻrguliklarini idrok etmoqchi boʻldi. U Mamatbey aytganiday, katta ovga bir martagina qoʻl urmoqchi boʻluvdi. Ogʻzi kuyib, tavba qilib, qatiqni ham puflab ichadigan boʻlib qolsa-da, baribir hali u tomondan, hali bu tomondan turtkilayverishlariga u hayron edi. «Onangni koʻrsataman», deb yurgan Hosilboyvachchaning oʻzi koʻradiganini koʻrdi. Zelixon ham oʻldirmoqchi edi, u ham nasibasiga yarashasini oldi. Endi Xongirey... U «oʻldiraman», degani yoʻq... Selim shunisidan qoʻrqdi...

U «Soʻroq qachon boshlanarkin, qiynasa ham chidashim kerak, Xongireyni sotsam, shu yerda chiritadi», deb oʻylab oʻtirganida eshik ochilib, ikki yigit kirib keldi-yu, ura boshladi. Selim buni «soʻroq oldidan tayyorgarlik», deb bilib, bukchayib, boshini qoʻllari orasiga olganicha chidadi, ovoz chiqarmadi. Yigitlar tez charchashdimi yo birinchi galdagi «ishlov» shunday kamroq belgilanganmidi, urishni bas qilishib, chiqib ketishdi.

Selim shundan keyingina ixranishini boshladi. Shunday keyingina kaltak zarblari oʻz kuchini koʻrsatdi. Koʻngli agʻdarildi. «Ichimda bir nima yorildi», deb oʻyladi u. Oradan yarim soat oʻtmay, yigitlar qaytib kirishdi. Selim avvalgi safar e’tibor bermagan edi, yigitlar uning yuziga tegishmay, faqat qorni, biqiniyu koʻkragini moʻl urishardi. «Selim «nega shunday?» deyishga ulgurmadi. Hushidan ketdi. Shu asnoda yana qancha tepki, qancha musht yeganini bilmadi.

...Ogʻriqlar vujudini tark etib, qush kabi yengil tortdi. Hatto ucha boshladi. Dalalar, togʻlar ustidan uchib oʻtdi. Rohatlandi. Fargʻonadagi uyigacha bordi. Qoʻndi. Lekin... Uyga qoʻndim, deb oʻylab quvonuvdi. Yoʻq... qarasa, qamoq xonasiga qoʻnibdi... Eshik ogʻzida kimdir turibdi. Urgan yigitlarga oʻxshamaydi. Diqqat bilan tikildi: Zelixonmi? Ha, Zelixon...
— Boshingga itning kuni tushibdi-ku? — dedi Zelixon kulib.
— Men bunchalik boʻlarini kutmagan edim, — dedi Selim.
— Qanaqa boʻladi, deb oʻylovding?
— Bilmayman.
— Sen non berganlarga xiyonat qiluvding. Endi haqini toʻla.
— Ayb menda emas.
— Mening bobomga, Ismoilbey ogʻamga kafanni oʻzbeklar berishgan edi. Sen esa kafanga zor boʻlib oʻlasan. Shu narsaga aqling yetadimi sening?
— Ha, tushunaman.
— Tushunmaysan. Sen nafsingga qul boʻlib yashagan eding, endi kafanliging ham nafs boʻladi.
— Meni oʻldirasizmi?
— Ha. Esingdami, Fargʻonadan qochayotganingda qayoqqa borsang ham izlab topib, otaman devdim.
— Zeli ogʻa, unday demang, men sizni hurmat qilaman.
— Ha... oʻshanda ham shunday devding. Sen meni hurmat qilolmaysan. Chunki men oʻlganman. Eshitmovdingmi?
— Eshitganman.
— Oxirgi koʻrishganimizdagi gapim esingdami? «Sen meni kutgin, bir kunmas bir kun uyingga kirib boraman. Agar bir balo boʻlib qamalib ketsam, odam yuboraman. Seni oʻldirish – men uchun qiyomat qarz!» demaganmidim? Men seni topdim. Endi qarzni uzish kerak. Toʻpponchadagi oʻq seni kutaverib zanglab ketdi.

Zelixon shunday dedi, ammo qoʻlida toʻpponcha koʻrinmadi. Panjalarini ochgan ravishda unga yaqinlashdi. Soʻng boʻgʻdi...

Xaridorgir doʻzax ahli qatorida umr kechirgan Selimning hayoti shu tarzda poyoniga yetdi. Shoir aytmoqchi:

Seskanmay shum nafsning xohishlaridan,

Mast boʻlib shaytonning olqishlaridan,

Qoʻrqmasdan mazlumning qargʻishlaridan

Umri ham oʻtdi...

Selimning soʻnggi nafasi shu tarzda kechib, «yurak xurujidan jon berdi», deb rasmiylashtirildi.

Asadbek Selimning Xongirey qarmogʻiga qanday ilinganini oʻylab oʻtirgan paytda «shaxsi noma’lum» deb topilgan narkokurerning jasadi kuydirishga tayyorlanardi...

2

Jalil Abdulhamidning kundan kun soʻlib borayotganini koʻrib, Asadbekka bildirmay, Muhiddin otani olib keldi. «Hozir oshnamning yonida suyanadigan bir odam boʻlishi kerak. Mening tilim yomon, suyanaman, deganida bir gap aytvorib, dilini battar xira qilaman», deb qoʻydi. Otaning kelishi Asadbek uchun ayni muddao boʻldi. Suhbatlashib oʻtirgan choqlari Asadbek gʻam-tashvishdan bir oz uzoqlashgan boʻlardi-yu, lekin yolgʻiz qolganida iztirobli xayollar yana band etaverardi. U moskvalik vrachning kasallik haqidagi gapini koʻp oʻyladi. Oʻylay-oʻylay gumonlari oqimi Xongirey tomonga burilavergach, Abdusamadni chaqirib, gapga tutdi. Abdusamad xorijda ekanliklarida doʻxtir zotiga yaqinlashmaganlarini ayta turib, Moskvada tut-qun boʻlgan kechasi bilak tomiridan qon olishganini aytdi. Asadbek esladi: oʻshanda ham aytishuvdi, qoradori iste’mol qilinganini aniqlash uchun olishgan ekan. Oʻshanda bunga ishongan edi. Abdusamadning gapidan soʻng gumon haqiqatga aylanib, Asadbek Ilikoga qoʻngʻiroq qildi. «Oʻgʻlimga yomon kasallik yuqqan. Moskvadagi qamoqxonada qon olishganda yuqtirishgan», deyishining oʻziyoq Ilikoga kifoya qildi. Asadbekning «ikki-uch kundan keyin borayinmi?» degan taklifini butunlay rad etdi.

Moskvalik vrach «eng yaxshi dori – umid», deb bu xonadondagilarning umidiga quvvat berganday edi. Biroq, umid saroyi goʻyo muzdan barpo etilganday kun sayin erib borardi.

Manzura tunu kun mijja qoqmay oʻgʻlining qoshida oʻtirmoqni istardi. Asadbek «bolasining rangiga qarayverib kuyib kul boʻlmasin», degan fikrda uni chaqirib, turli yumushlar buyuraverardi. Xotinining qoʻli ishda-yu, xayoli bolasida ekanini koʻravergach, uni oʻz holiga qoʻydi.

Asadbek oʻgʻlining yoniga kirganida unga koʻngil koʻtaruvchi gaplarni aytishni istardi. Lekin tilga gap kela qolmasdi. Moʻltillab oʻtirish oʻziga ham yoqmay, oʻqishdan gap ochaverardi. Bu safar ham shunday boʻldi. Uning domlalari haqidagi gapiga oʻgʻli kutilmagan javobni berdi:
— Ada, bizga berilgan ta’til choʻzilib ketdi. U tomonlarda «ha, hechqisi yoʻq», deyilmaydi. Doktor Xudoyor ham ayamaydilar. Akam bilan yangamga ijozat bering, xoʻp desangiz, keliningiz ham birga ketsin. Men sal oʻzimga kelvolsam, yetib boraman.

Asadbek bir oz oʻylanganday boʻldi, biroq, aniq qarorga kelmadi. Oʻgʻlining javob kutib, tikilib yotganini koʻrib:
— Oʻzlari bilan maslahat qilay-chi, — deb qutulmoqchi boʻldi.
— Oʻzlari bilan maslahat qilmang, — dedi Abdul-hamid. – Ertaga yoʻlga chiqishsa, indinga u yoqqa uchishlari mumkin. Boʻlmasa, yana bir hafta yoʻqotishadi.

Asadbek «gaping toʻgʻri», deganday oʻgʻlining boshini silab qoʻydi.
— Ada, — dedi Abdulhamid, — Moskvalik doʻxtir «umid qiling», dedi, a? Agar ustozimiz doktor Xudoyor boʻlganlarida «Ollohning rahmatidan umid qiling», derdilar. Bir sharafli hadis bor ekan: Olloh-taolo rahmatini yuz qismga boʻlib, toʻqson toʻqqiztasini oʻziga olib qolib, faqat bittasini yer yuziga tushirgan ekan. Yaralganlar, ya’ni butun odamlaru jonli zotlar bir-birlariga rahm qilishlari uchun shunday boʻlgan ekan. Ot tuyoqlarining bolasiga tegib ketishidan qoʻrqib, tuyoqlarni koʻtarib yurishi uchun ham shunday ekan...

Asadbek oʻgʻliga «sen shunaqa gaplarni ham bilasanmi?» deganday ajablanib qaradi. Abdulhamid otasining bu qarashidagi yashirin ma’noni uqib, kulimsiradi.
— Doktor Xudoyor bizga dunyoviy ilm berardilar. Bir kuni «siz eng asosiy ilmdan uzoqsiz», dedilar. Biz ajablandik. Shunda hadis aytib berdilar. Abdulloh ibn Musavvir Hoshimiydan rivoyat qilingan ekan: Bir kishi Paygʻambarimiz huzurlariga kelib, «menga ilmning gʻaroyiblaridan oʻrgatmogʻingiz uchun huzuringizga keldim», debdi. Shunda unga: «Ilmning avvalida nima ishlar qilding?» debdilar. U: «Ilmning avvali nima?» deb soʻrabdi. «Ulugʻ va qudratli Robbingni tanidingmi?» debdilar. «Ha» deb javob beribdi. «Ollohning haqqiga nima ishlar qilding?» deb soʻrabdilar. «Olloh hohlaganicha ishlar qildim», deb javob beribdi. Keyin «Oʻlimni bildingmi?» debdilar. «Ha», debdi u kishi. «Oʻlim uchun nima hozirlik koʻrding?» debdilar. «Olloh xohlaganicha», debdi. «Borgil va u yerda ham shu tarzda davom et, keyin kelsang, senga ilmning gʻaroyiblarini oʻrgataman» debdilar. Bir necha yillardan keyin u kishi yana kelganda Paygʻambarimiz unga: «Qoʻlingni qalbingga qoʻy, oʻz nafsing uchun rozi boʻlmagan narsani musulmon birodaring uchun ham rozi boʻlma, oʻzingga ravo koʻrgan narsani musulmon birodaringga ravo koʻrgin, mana shu ilmning gʻaroyibidir», degan ekanlar... – Abdulhamid toliqib, koʻzlarini yumdi. Qurigan labini tili bilan namlagan boʻldi. Asadbek ilib qolgan choydan quyib ichirdi. Shundan soʻng Abdulhamid gapini davom ettirdi: — Yana bir hadisda Pay-gʻambarimiz va’z aytgan ekanlar: «Besh narsadan oldin besh narsani gʻanimat bil, — debdilar u zot, — qariligingdan oldin yigitligingni, bir ishga mashgʻul boʻlib qolishingdan oldin boʻsh vaqtingni, faqirligingdan avval boyligingni, oʻlimingdan oldin tirikligingni, kasal boʻlmasingdan oldin sogʻlomliging-ni gʻanimat bil...» Paygʻambarimiz aytgan shu besh narsada koʻp ilmlar jam qilingan ekan...

Abdulhamid «men bu ilmlarni egallay olmadim», degan afsusini tiliga chiqarmadi. Buning oʻrniga chuqur nafas oldi.

Asadbek oʻgʻlining armonini anglab, koʻngliga malham boʻlguvchi soʻz aytmoqni ixtiyor etdi-yu, shunday soʻz tiliga kelmadi. Buyruq berishga, ba’zan haqoratlashga oʻrganib qolgan til oʻz farzandiga tasalli soʻzlarini aytmoqqa ojizlik qilib qoldi.

Umri kuzagining adogʻiga yetib qolganini anglab yetgan Abdulhamid yolgʻiz qolgan kezlari oʻy oʻylab ota-onasiga ba’zi gaplarni aytmoqlikni istardi. U onasini qanday ovutishni bilmasdi. Onalik baxti nimaligini endi koʻraman, deb turgan ayol kulfat boʻroniga duch kelganda uni qanday yupatish mumkin?

«Oyijon, mendan rozi boʻling. Sizday onaga oʻgʻil qilib dunyoga keltirgani uchun Ollohga hazor-hazor shukrlar aytaman. Sizning xizmatingizni qilish qismatda yoʻq ekan... Xudo sizga sabrni moʻl-moʻl qilib bergan. Oyijon, keliningizning boshi qorongʻu, agar Xudo qiz bersa unga «Yodgora» deb ism qoʻymanglar. Oʻzingizga oʻxshasin, «Manzura» deb qoʻying... Keliningiz istagan yerida yashasin. Turmush qursin, meni deb yolgʻiz oʻtmasin, gunoh boʻladi...»

Abdulhamid shunga oʻxshash allaqancha gaplarni hozirlab qoʻyardi-yu, onasi kirib kelishi bilan oʻylari bugʻ kabi koʻtarilib ketardi. Bu gaplaridagi har bir soʻz zaharli oʻqqa aylanib, onasi yuragiga sanchilib, uni yaralab, beadoq azoblarga giriftor etmogʻiga aqli yetarli.

Ona oʻgʻlini quchoqlab, oʻpib, koʻz yosh toʻkardi.

Oʻgʻil onani quchoqlab, oʻpib, koʻz yosh toʻkishdan oʻzini tiyardi...

Dunyoga kelganida olam-olam quvonch baxsh etgan farzand onasini olam-olam anduhi furqat dengiziga gʻarq qilib, tarki jon qilishga hozirlanardi.

Abdulhamid ayniqsa otasiga koʻp gaplarni aytmoqni istardi. U otasi haqidagi mish-mishlarga uncha ishonmasa ham, bu boylik, bu e’tibor haromlik soyining oqavalari ekaniga aqli yetib turardi. Xorijga ketmasidan avval, ayniqsa doktor Xudoyorning qanoti ostiga oʻtmasidan oldin bu boylik, bu shon-shuhratni Xudo tomonidan berilgan tabiiy ne’mat deb bilardi. Keyin-keyin Xudo emas, shayton alayhila’na mukofoti ekanini anglay borib, koʻp siqildi. Oʻgʻil haddida turish uning uchun gʻoyat ogʻir kechdi. Uning ruhi ikki oʻt oraligʻida jizgʻanak boʻldi. Shaytonning mukofotlaridan shodon yashaganliklari evaziga Yaratganning ajri halitdan berila boshlaganini Moskvadagi turmada oʻtirganidayoq his etdi u.

Abdulhamid otasiga aytar soʻzlarini Muhiddin ota vositasida yetkazmoqni xayol qildi. Muhiddin ota kirganida u oʻzini ancha yengil his etardi. Xuddi doktor Xudoyor huzurida ruhiga quvvat olganday.

Asadbek oʻgʻlini yupatuvchi soʻzlarni izlab oʻtirganida Muhiddin ota kirib, mushkulini oson etdi.
— Ada, ishingizga boravering, bugun ancha tetikman. Otam bilan gaplashib oʻtiraman, — dedi Abdulhamid jilmayishga harakat qilib.

Jilmayishga uringan lablar bilan hayot nuri soʻnayotgan koʻzlar orasidagi masofa juda qisqa, ota bilan farzandning ayriliq onlari esa bundan-da yaqin edi. Asadbekning gʻash koʻngli nimanidir sezganday boʻl- di-yu, lekin ayriliq omburi ishga kirishganini idrok eta olmay, oʻgʻlining gapiga ishondi. Hovliga chiqqanida Manzuraning odatdagiday «ahvoli yaxshimi?» degan savol nazari bilan qarshilandi.
— Ishga borib kelavering, deyapti, bugun ancha tetik, a? — dedi Asadbek.

Bir necha daqiqa avval oʻgʻlining huzuridan chiqqan Manzura unda tetiklik nishonasini koʻrmagan boʻlsa ham, erining gapiga ishongan boʻlib:
— Xudoga shukr! — deb qoʻydi.

Hakimlar aytadilarki: toʻrt narsaning qadrini toʻrt kishi bilgay: yoshlikning qadrini yoshi oʻtib qolganlar, tinchlik-xotirjamlik qadrini boshiga balo tushganlar biladi. Sogʻliq-salomatlik qadrini xastalanib, hech narsaga yaramay qolganlar, tiriklik qadrini oʻtganlar bilgaylar. Agar bularga qoʻshimcha joiz boʻlsa, farzand qadrini farzandining soʻnggi nafaslarini kuzatayotganlar biladi, demoqlik balki mumkindir?

Asadbek Zaynabni sharmandali holda uchratganida otib tashlangan yigit ham kimningdir farzandi edi. Hosilboyvachcha, Elchin ham... Elchinga roʻpara qilingan Shilimshiq ham, oʻlimga hukm qilinib, tirik qolgan Jamshid ham... Oʻz oʻgʻlining qaygʻusiga bandi Asadbek bularni oʻylamasdi. Jalilning «Xudodan qaytibdi», degan gapi ham qulogʻi ostida jaranglamay qolgan. Bu koʻrgulikni Xudodan emas, Xongireydan koʻradi. Undan oʻch olish rejalarini tuzadi. Ba’zan insof uygʻongan paytlarida esa «oʻgʻlim tuzalib ketsa bas, hech kim bilan hisob-kitob qilmayman», deb oʻzicha ont ichadi.

Abdulhamid «ishga boravering», degani bilan Asadbekning boradigan ishi yoʻq edi. Shu sababli nima bilan mashgʻul boʻlishni bilmay, shiyponga chiqib oʻtirdi.

Bu paytda Abdulhamid Muhiddin otaning yordami bilan yostiqlarni kamaytirib, bamaylixotir choʻzilib olgan edi.
— Umr yonayotgan shamga oʻxsharkan. Bir puflasa oʻcharkan... – dedi Abdulhamid.
— Hay-hay, boʻtam, asti bu gapni tilga olmang. Bu umrini yashab boʻlgan keksalarga atab aytilgan, — dedi Muhiddin ota.
— Tez yonib, tez oʻchadigan shamlar ham boʻladi-ku?
— Bu Ollohning irodasiga bogʻliq, boʻtam. Odamning koʻziga sham tez yonganday koʻrinishi mumkin, aslida esa oʻzgacha boʻladi.
— Siz ustozim doktor Xudoyorga oʻxsharkansiz. U kishi bilan uchrashib, bir suhbat qursangiz, biz bu suhbatdan bahramand boʻlsak...
— Shunaqangi saodatli kunlarga Olloh yetkazsin.
— Doktor Xudoyor aytib beruvdilar: Olloh Yusha’ ibn Nuh alayhissalomga vahiy qilibdi: «Albatta men sening qirq mingta yaxshi ummatingni oʻz ixtiyori bilan xalok qilgʻuvchiman va yomon ummatingdan ham oltmish mingtani!» Shunda Yusha’ alayhissalom «Yomonlarni jazolashing mumkin, ya Rabbim, yaxshilarga nega bunday jazo berajaksan?» deb soʻrabdi. Shunda Olloh «Ular mening gʻazabim keladigan ishlardan gʻazablanishmadi. Oʻshalar bilan birga yeyishdi, ichishdi», deb javob bergan ekan. Ota, biz shundaylardanmizmi? Biz oʻzimizni yaxshilardan deyishga haqlimizmi? Ollohning rahmatiga umid qila olamizmi?

Kutilmagan bu savol Muhiddin otaning butun vujudini zirillatib yubordi. Hushini yigʻib, javob qaytarishga ulgurmay Abdulhamid gapini davom etdi:
— Paygʻambarimiz «Albatta odamlarning bir toifasida yomonlikni yopuvchi yaxshilik kalitlari bordir, — degan ekanlar. – Odamlarning ba’zisida yaxshilikni yopuvchi yomonlik kalitlari bordir. Yaxshilik kalitlarini Olloh ularning qoʻllariga tutgan kishilar qanday ham yaxshi odamlardir! Vayl boʻlgay, Olloh-taolo yomonlik kalitlarini qoʻllariga tutgan kishilarga!» Bu hadisdan mening tushunganim – yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar moʻ'minlardan boʻlishar ekan.

Abdulhamidning tin olganidan foydalangan Muhiddin ota uni quvvatladi:
— Ustozingiz goʻzal xulqlarni oʻrgatgan ekanlar. Har bir ongli inson birodarini yomonlikdan qaytarishi kerak. Olloh taolo aytadiki: «Val moʻ'minuuna val mu'minoat ba’duhum avliyau va ba’din ya’muruna bilma’rufi va yanhavna anil-munkari...» ya’nikim, moʻ'min va moʻ'minalar bir-birlariga doʻstdirlar. Ular yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan toʻxtatadilar...

Bu gapdan soʻng Abdulhamid Muhiddin otaga yalinuvchi bolaning koʻzlari bilan tikilib qaradi. Ke-yin:
— Jon otajon, siz shunday doʻstlardan boʻling. Tavba fasli oʻtib ketmasin, hech kimning boshiga Fir'avnning kulfati tushmasin, — deb chuqur nafas oldi.

Uning «adamga shunday doʻst boʻling, tavbaga yetaklang, iymonsiz ketmasinlar» demoqchi ekanini Muhiddin ota tushundi. Soʻnggi nafaslarini olayotgan yigit otasining zulm yoʻlidan qaytishini istab, bobo qadrdoniga vasiyat qilayotganini ham angladi...

Muhiddin ota ayvonga chiqishi bilan Asadbek unga yalt etib qaradi: otaning salla oʻrniga doʻppisi atrofiga bogʻlab yuruvchi oq chit roʻmolning yoʻqligi unga yomonlikdan xabar berib, tanasidan jon chiqib ketganday boʻldi. Qimirlashga ham, soʻz aytishga ham holi qolmadi.

Mehmonxonada ivirsib yurgan Manzura ayvonga chiqib turib qolgan otani koʻriboq, «Voy, bolam!» deb yugurib qolganini oʻzi ham sezmadi.

Muhiddin ota er-xotin kelgunicha joyidan jilmadi. Soʻng:
— Olloh sizlarga sabri-jamiil ato etsin. Inna lillahi va inna ilahi rojiu'n[3], — dedi-da, ilova qildi: — Olloh farzandu arjumandingizga imon kalimasi bilan jon taslim etmoq baxtini berdi...

Oʻsha onda na Asadbek, na Manzura bu baxtning ma’nosini angladilar...

3

Kamalak — chiroyli, lekin isitmaydi. Astoydil yoki til uchida aytilgan hamdardlik soʻzlari qanchalar koʻp boʻlsa-da, qalb yarasiga malham boʻla olmas edi. Asadbek zaif jismiga quvvat, majruh va dardli koʻngliga sihhat yetishmay bu dunyoni tashlab ketgan oʻgʻli hajrida oʻrtangan kezlari oʻzicha bir haqiqatni kashf etdi: har qancha qiyinchilikka duch kelsa bayon etarga bir mehribon doʻst, boshiga har qanday qattiqchilik yetsa izhor qilarga sirdosh oʻrtoqlar zarur ekan. Birgina Jalil uning yarasiga malham boʻla olmas ekan. Har kim aybsiz doʻst qidirsa, doʻsti kamayaverarkan, doʻstlarini ranjitaversa, dushmani koʻpayarkan. Asadbek shundaylardan ekaniga ishondi. Bir kuni Jalilga hazil aralash «Sen meni yaxshi koʻrasanmi?» deganida, oshnasi jiddiy tarzda «Yaxshi koʻraman, lekin Xudoni koʻproq yaxshi koʻraman», deb uni mulzam qilgan edi.

Donishmandlar «dunyo nadir?» deb soʻrashganida, u «bir ohga arzimas matoh», degan ekan. Oʻgʻlining oʻlimidan soʻng butun topgan-yiqqanlari yarimta ohga arzimasligini tushundi. Hayot bor joyda oʻlim ham muqarrar mavjudligini barcha bilsa-da, xuddi bundan bexabarday dunyodan koʻngil uzmay, tirishgandan tirishadi. Bilmaydiki, barcha xatolarning asli aynan shu dunyoga muhabbatdir.

Asadbek xastalanib, hayotdan umidini uzib qoʻygan paytda, aniqrogʻi, Jalil Buxorodan tilla tanga olib kelgan kuni, ikki oshna hayot haqida ezilib suhbatlashishgan edi.
— Shu tilla tanga necha yuz yil avval quyilgan ekan. Nechta qoʻldan oʻtgan, nechta odam shuni deb bir-birini oʻldirgan ekan. Agar hozir koʻchaga chiqarib tashlasang, yana nechta odam shuni deb bir-birining goʻshtini yerkin?
— Odamlar tilla uchun olishmaydilar, aslida yashash uchun olishadilar. Bu tilla yaxshi yashashning bir vositasi, — deb javob bergandi.
— Birovni abgor qilib yaxshi yashashdan koʻra, birovning qargʻishiga qolmay kambagʻallikda umr kechirgan a’lo emasmi? Paygʻambarimiz «kambagʻalligim – faxrim» degan ekanlar. Eshitmaganmisan?
— Odam oʻzini majburlab kambagʻallikda yashashi shartmi? Men kambagʻal odamning baxtli boʻlganini koʻrmaganman.
— Unda sen baxtli ekansanda, a?
— Mening oʻzimga yarasha baxtim bor.
— Ana endi oʻzingga kelding. Sen baxt deb yurgan narsa, aslida baxtsizlik, oshnajon. Chunki sen hayoting-da sira ham baxt izlamading. Sen qasos izlading. Qasos izlab shu baxtsizligingni topding. Bolalikda adangni qamoqqa olib ketishayotganda «Men ularni oʻldiraman», deganing hali ham qulogʻim ostida ja-ranglab turibdi.
— Qasos olishim shart edi. Boshqacha yashashim mumkin emasdi.
— Bir donishmandning gapiga qaraganda, agar kerak boʻlsa, zaharni asal, choʻchqani togʻa, eshakni amaki, deyish kerak ekan.
— Eshakni amaki deydigan dono senmisan?
— Gapni boshqa yoqqa aylantirma. Sening yana bitta xatoing – doʻzax azobidan qoʻrqmading.
— Doʻzax azobidan deysanmi?.. Jalil, oshnam, boshimga tushgan balolarni, azoblarni boshqalar bilmasa ham sen yaxshi bilasan. Sen meni doʻzax bilan qoʻrqitma. U yerda odam kuysa balki kuyar, lekin «xalq dushmanining bolasi» deb aftiga tupurishmas, a? Men koʻrgan azoblar oldida doʻzaxing hech gap emasdir?
— Doʻzax meniki emas... Sen azob, azob, deysan-u, lekin senga dushmanlaringdan koʻra koʻproq doʻst deb yurganlaring zarar yetkazdilar. Chunki dushmandan ehtiyot boʻlasan, ammo doʻstning dushmanligidan qutulish qiyin...
— Gapirish oson. Sening hayoting boshqa, meniki boshqa...
— Sen hali shuni hayot deb bilasanmi?..

Oʻshandagi bu suhbat osoyishta tarzda kechgan edi. Oʻshanda Asadbek qalbida imonga moyillik uygʻonay degandi. Lekin «tun zulmati muvaqqat, qalb zulmati abadiy» deganlaridek, Asadbek qalbi koʻr shoʻrliklar toifasidan yulqinib chiqolmadi...

Nomus kuchlilik qilib, Asadbek qiziga «oʻzingni os», degan maqsadda arqon tashlab chiqqanida farzand dogʻi nima ekanini idrok qilolmasdi. Balki oʻshanda Zaynab imillamay, ota amrini bajarganida Asadbek hozirgiday azob chekmasmidi, oʻzini oqlashga bahonalar topa olarmidi...

Endi oʻzini oqlay olmaydi.

Ayniqsa Iliko kelib-ketganidan keyin...

Hamdardlik bildirgani kelgan Iliko Asadbekning ahvolini koʻrib, topshirigʻining natijasini aytishni lozim koʻrmagan edi. Asadbek «iltimosim nima boʻldi?» deb ikki qayta soʻragach, turmada qon olgan hamshiraning kim ekanini aniqlagani, lekin uning izsiz yoʻqolganini aytishga majbur boʻldi. Shuning oʻziyoq Asadbekdagi gumonning toʻla haqiqatga aylanishi uchun kifoya boʻldi. Olovni olov bilan oʻchirish mumkin emasligini Iliko rad etmas edi, ammo qonni qon bilan yuvish mumkinmasligini tan olishni istamasdi. Shunga qaramay, u qasos oʻtida yonayotgan Asadbekni toʻxtatishni xohlardi. Asadbekka bu on nasihat kor qilmasligini bilib bemaslahat bir ish boshlamay turishni soʻradi.

Abdulhamidning janozasi kuni yomgʻir bir maydalab oʻtganicha havo ochilib ketdi. Shundan soʻng osmon bulutdan holi boʻldi.

Kunduzlari quyosh porlardi.

Lekin Asadbekning xonadoni zulmat ichra qolaverardi.

Kechalari Asadbek hovlisi ustidan suzib oʻtuvchi Oy chehrasida motam, yulduzlar koʻzlarida esa alam zohir edi.

Odam taftini odam olishini Asadbek kunduzlari his etardi. Tun kirdi, deguncha uning isitmasi koʻtarilib, alaxsiray boshlardi. Manzuraga farzand dogʻi azobi kamlik qilib, erining tungi talvasalari ming gʻamiga yana gʻam qoʻshardi. Manzura qaynonasining hajri qarobatga chidolmay aqldan ozganini eshitgan edi. Erining kech kirishi bilan oʻzgarishi uni tashvishga solib, Jalilga aytdi. Jalilning koʻnglidan ham «onasiga oʻxshab jinni boʻlsa-ya?» degan tashvish oʻtsa-da, sir boy bermay «tashvishlanma, bu oʻtkinchi narsa», deb qoʻydi. Doʻstining yonida yotib qolishini aytganida Muhiddin ota «boʻtam battar qiynaladilar», deb shashtidan qaytardi. Oʻzi esa Asadbekning qorovul boʻlish haqidagi taklifini qabul qilgan boʻlib, masjidga koʻchib chiqdi.

Asadbek oʻziga ham xayrixohlik, ham tashvish bilan tikilayotgan koʻzlarni his etib turardi. Ammo tungi talvasadan qutulishga oʻzida kuch topolmasdi. Qorongʻu tushishi hamon qorasoch kecha kokillari bilan uni boʻgʻa boshlardi. Uyga kirdi, degunicha burchakda koʻzoynakli ilon lunjini shishirib turgandek boʻlaverardi. Sukunatdan panoh topish umididagi Asadbekni sharpalar ta’qib etar, kimdir uning orqa tomoniga kelib olib, «ux» tortaverardi. Avvaliga «onamlarmikin», deb oʻyladi. Keyin bolaning tovushi keldi.
— Samandar! — deb chaqirib, orqasiga oʻgirildi: hech kim yoʻq...

Yana xoʻrsindi. Yana bola...

Kim bu? Abdulhamidmi? Yuragi potrayotgan Asadbek yana oʻgirildi: hech kim yoʻq...

Soʻng... koʻzoynakli ilon oʻrnida otasini koʻrib, u tomon yurdi. «Adajon!» deb quchoqladi.
— Menman, toychoq, men keldim, — dedi otasi.
— Adajon, sizdan tuproq isi kelyapti.
— Nega ajablanasan? Axir men qabrdan chiqib kel-yapman-ku?
— Ada, siz menga yogʻoch chana yasab qoʻyuvdingiz, bolamni olib ketdingiz...
— Bolangni olib ketuvchi men emasman... — Otasi shunday deb stol ustidagi ne’matlardan yeya boshladi.
— Qorningiz ochdimi, ada?
— Ochdi. Oʻlik toʻysa — tirik toʻyadi. Arvohlarni ziyofat qilmaysanmi?
— Albatta, albatta mehmon qilamiz. Hammani chaqiring. — Asadbek shunday deb ochiq deraza yoniga kelib chaqirdi: — Manzura, tez kel, adamlarni mehmon qilamiz... Ada, keliningizning qoʻlidan bir piyola choy iching. Nevara kelinlaringizni ham chaqiraymi?..

Birdan hammasi yoʻqoldi: otasi ham, ilon ham, stol ustidagi ne’matlar ham... Atrofni zulumot bosdi...

Bomdod azonini eshitib, koʻzlarini ochdi: shiyponda yotibdi. Yonida qaygʻuli koʻzlaridan yosh toʻkayotgan Manzura. Asadbek nima voqea yuz berganini idrok etolmay xotiniga tikilib yotdi.

Masjid tomondan Muhiddin otaning tovushi eshitildi:
— Hayya alal falax...

Najotga chorlangan Asadbek joyidan jilolmadi.

Kun yorishganda Jalil bilan Muhiddin ota kirib kelishdi.
— Isitmang bor-ku, ukaxon, — dedi Jalil, Asadbek bilan koʻrisha turib, — shamolladingmi, deyman?
— Shunaqaga oʻxshaydi, — dedi Asadbek.

Kichik xontaxta atrofida nonushta qilishdi.
— Jalil, tushimda adamlarni koʻribman, — dedi Asadbek, dasturxonga fotiha oʻqilgach.
— Tushida oʻlik koʻrgan, oʻngida tirik koʻradi. Sogʻingan odaming kelib qoladi, — dedi Jalil.
— Arvohlarni ziyofat qilish kerak...
— Nima?! Nima deding? — Jalil «isitma aralash valdirayaptimi?» degan ma’noda Muhiddin otaga qarab oldi.
— Shunaqa gap bor-ku? — deb izoh berdi Asadbek.
— Gap boʻlsa, bu bir bid'at! Nima dedingiz, otaxon?
— Ha, boʻtam, arvohlarni yoʻqlash duo bilan boʻladi.
— Meni adam anchadan beri chaqirar edilar, aslida men ketishim kerak edi.
— Bas qil, goʻrdan chiqib, goʻrga kiradigan gaplarni aytma.
— Ha... toʻgʻri aytding, goʻrga kiradi...
— Boʻtam, Ollohga tavakkul qiling, Ollohdan najot soʻrang.
— Hadeb Olloh, Olloh deysiz... Ollohga soʻzingiz oʻtsa, ayting, oʻgʻlimni qaytarsin.

Bu gapni eshitgan Muhiddin ota beixtiyor ovozini koʻtarib «Astagʻfirulloh!» deb yubordi. Jalil esa «Voh!» deb nido qilganicha — boshqa gapirmasin, degan maqsadda uning ogʻziga kaftini qoʻydi:
— Tavba qil, bunaqa ahmoq gapni ayta koʻrma, tavba qil!
— Boʻtam, shaytonga boʻsh kelmang, shaytonni yenging, — dedi Muhiddin ota. — Shaytoni magʻlub etishning eng oson yoʻli — masjidga chiqing. Masjid qurdirishning oʻzi kifoya emas, unga kirib, sajdaga bosh qoʻying.

Asadbek doʻstining qoʻlini chetga surib, Muhiddin otaga qaradi. Uning koʻzlari gʻalati javdiradi:
— Ota, mening Xudo bilan shartnomam bor: endi men uning uyiga qadam bosmayman, u menikiga kirmaydi.

Bu gapdan Muhiddin ota seskanib ketdi. Jalil esa shapaloq tortib yubordi. Soʻng yelkasidan ushlab silkidi:
— Tavba qil, ahmoq! Darrov tavba qil!

Jalilning vajohatini koʻrgan Muhiddin ota oʻrnidan turib, uni ajratdi-da, Asadbekning yelkasini siladi.

Bu bosh, bu yelka necha yillar mobaynida silovchi bir mehribon qoʻlga muhtoj edi. Shirin soʻz nondek arzanda boʻlgan kezlari haqorat eshitdi. Otaning mehribon qoʻllari silashi kerak bu betlarga «xalq dushmani»ning oʻgʻli deb tupurildi. Hozir silanayotgan yelka ne malomatlarni, ne tashvish togʻlarini koʻtarmadi. Jalilning oʻzi ba’zan doʻstining bu dunyo alamlariga dosh berishiga qoyil qolib, «oʻrtogʻim tuproqdan emas, temirdan yaralgan», deb qoʻyardi. Hozir oʻsha ta’rifni eslab, «temirligi rost, yuragi ham temirga aylanib qolibdi», deb afsuslandi. Temir yurakni eritish yoʻlini bilolmay oʻzining boshini changallab, tebranib oʻtirdi.

Bu manzarani koʻrib turgan Manzura shiypon tomonga bir intildi-yu, qizi bilan kelinlarining ham shu yoqqa tikilib turganlarini koʻrib, joyida qotdi.

Vujudida mehribon qoʻlning taftini sezgan Asadbek ota qadrdonining koʻksiga bosh qoʻyishni, toʻyib-toʻyib yigʻlashni istadi. Ammo yolgʻizligida bostirib keluvchi yigʻi bu safar unga xiyonat qildi.
— Sabr qiling, boʻtam, toqatliga togʻlar bosh egarkan. Ollohning «ey Odam farzandi, sabrli boʻl va oʻzingni past tut, seni oʻzim oliy darajaga koʻtaraman», degan va’dasi bor. Bu koʻrgulik siz bilan biz uchun Oldohning bir sinovi.

«Faqat sinov emas, qilgan gunohlari uchun olgan mukofoti» deb oʻyladi Jalil. Muhiddin ota esa yigʻloqi bolani yupatayotganday mehribonlik bilan davom etdi:
— Olloh biz, gʻofil bandalarga aytadiki: «men bir moʻ'min kishini biron musibat yetkazib imtihon qilsam, u menga hamd aytib, mening imtihonimga sabr qilsa, gunohlardan onasi tuqqan kunidagidek pok boʻlib turadi...» Ollohning shu marhamatiga yetishmoq siz bilan bizga nasib etgan.

Jalil bu gapdan soʻng armon bilan bosh chayqadi-da, yalindi:
— Jon oshna, bir marta «tavba» deb qoʻygin...
— Ha, boʻtam, «astagʻfirulloh» deng...

Ular Abdurahmon tabibnikida shifo topayotgan Asadbekning iymonga kirishiga ishonib, Yaratganga shukrlar aytishgan edi. Undan sal ilgariroq gap talashib qolishganda Asadbek iymonga da’vat etilishiga javoban yarim hazil, yarim chin ohangida «Koʻramiz, sening iymoning kuchlimikin yoki mening shaytonim qudratliroqmikin?» deb javob qaytarib, Jalilning dilini xufton qilgan edi. Oʻshanda ham Jalil tavbaga undagan, biroq doʻsti gapni hazilga burib yuborgan edi. Bu gap Jalilning yuragiga qirrali toshcha kabi oʻrnashib qolib, gohi-gohida qoʻzgʻolib azob berardi. Tabibning uyida doʻstining ruhi ham shifo topayotganini bilgan ondan bu toshcha eriy boshladi. Jalil uni butunlay erib bitdi, deb yanglishgan ekan. Asadbekning hozirgi gapidan soʻng toshcha yana qoʻzgʻolib, shaytanatdan diyonatga oʻtmoq oson emasligiga imon keltirdi. Bu safar qirrali toshcha Jalilning yuragini qattiq tildi. Uning ruhi qaqshagandan qaqshadi. Agar oshnasi dard iskanjasida ezilmayotganida uni doʻpposlab qolishdan qaytmasdi, xumordan chiqish uchun ham doʻpposlardi.

Agar bu onda Ollohning kalomini mukammal biluvchi olim ular huzurlariga kelib:
— Siz shayton yetovidagi shu muhabbatsiz qalbga achinyapsizmi? Gʻaflat uyqusidagi bu bandaning iymon sari yurishi aldamchi manzara edi. U Islomdan faqat foyda koʻzladi. U iymon yoʻli bilan tijorat yoʻlini chalkashtirib yubordi. Manfaat va ziyon tarozusiga qarab yurmoqni ixtiyor etdi. Siz bilmaysizmiki, Olloh: «Odamlardan Ollohga bir tomonlama ibodat qiladiganlari ham bor. Agar unga yaxshilik yetsa, koʻngli toʻlur. Agar unga balo yetsa, yuz oʻgirib ketur. U dunyoda ham, oxiratda ham ziyon koʻrur. Ana oʻsha ochiq-oydin ziyondir[4]», deganida aynan shu birodarimiz kabilarni nazarda tutgan, — desa Jalil ham, Muhiddin ota ham unga zid gap aytolmagan boʻlishardi.

Muhiddin ota ikkinchi marta tavbaga da’vat etganidan soʻng Asadbek xayolini jamlab, aytgan gapining ma’nosini angladi-yu, oʻzi ham qoʻrqib ketib, tavba kalimasini aytmoqni ixtiyor qildi. Biroq, «Azzz...» dedi-yu, u yogʻiga tili aylanmadi. Buni sezgan Muhiddin ota uni quvvatladi:
— Xudoyim oʻzing kechir, deng, boʻtam.

Asadbek duduq bola kabi aytdi.

Jalil bundan bir oz yengil tortib, oʻrtogʻiga qaradi-yu, uning terga botganini, ogʻzida koʻpik paydo boʻlganini koʻrib qoʻrqib ketdi. Muhiddin ota ham choʻchib, shoshilganicha unga dam soldi.

XXIV bob

1

Asadbek dastlab Halimjonni tanimadi, uni fotihaga kelganlardan, deb oʻyladi. Ozib ketgan, koʻzlari kirtaygan, yuzlari, qoʻllariga toshgan yaralar hali butkul tuzalmagan bu yigitdan «boshingdan qanday savdolar oʻtdi?» deb soʻrashga hojat boʻlmasa-da, Asadbek:
— Ancha mazangni qochirishibdi-ku? — dedi.
— «Kurort»ning qanaqaligini oʻzingiz bilasiz-ku?— dedi Halimjon, keyin Asadbekning «Men qayoq-dan bilaman, bir-ikki marta qamalibmidim?» degan ma’nodagi qarashiga javoban izoh berdi: — Tergovni birdan toʻxtatib, jinnixonaga oʻtkazishdi. Keyin chiqarib yuborishdi.
— Seni men chiqartirmadim, — dedi Asadbek.

Halimjon «unda kim?» deb soʻramoqchi boʻldi-yu, botinmadi. Unga Asadbekning oʻzi izoh berdi:
— Men bunaqa ishlarga aralashmayman. Sen qanaqa laqmasan, oʻzing? Mol olib bor, desa indamay koʻtarib ketaverasanmi?
— Oʻylab koʻrishimga ham fursat berishmadi, — Halimjon boʻlib oʻtgan voqealarni soʻzlab berdi. Asadbek uning gaplarini diqqat bilan eshitsa-da, «bu yigit militsiyaning odamimi yo yoʻqmi?» degan gumonini ajrim qilolmadi. Oʻzining «odamga butunlay ishongandan koʻra, ishonmayroq turilgani ma’qul», degan aqidasiga amal qilib, koʻp soʻrab-surishtirmadi. Halimjon hikoyasini tugatgach, faqat:
— Haydar akangga uchrashgandirsan, nima deyapti?— deb soʻradi.
— Hozircha dam ol, — dedilar.
— Toʻgʻri aytibdi. Endi koʻzingni ochib yur, bola. Ularga oʻchakishma. Koʻrganlaringni xatto xotiningga ham aytma. Seni qozonga solib bir qovurib, tortib olishibdi. Keyingi safar qozonda jizgʻanak boʻlib qolib ketishing ham mumkin.
— Xizmat boʻlsa aytavering.
— Damingni ol.

Halimjon Asadbekning ehtiyotkor boʻlib qolganini sezdi. Garchi qamoqda barcha azoblarga chidab, birovning nomini tilga olmagan boʻlsa-da, Kesakpolvon ham unga ishonqiramay qaradi. Halimjon aynan mana shunga tushunmadi. Bekorga azob tortibmanda, degan xayol bilan Asadbekning uyini tark etdi.

Asr namozini masjidda oʻqigan Jalil Muhiddin ota bilan kelayotganda darvozadan chiqib ketayotgan Halimjonga duch keldi. Abgor holatdagi yigitning salomiga alik oldi-yu, orqasidan ajablanib qaradi.

Tunov kungi tavbadan soʻng Asadbek oʻzini qoʻlga ola boshlagan boʻlishiga qaramay, ular xavotirlaridan qutulmagan edilar. Kunda bir xabar olish odatlariga xilof qilmay kirib keldilar. Ular hol-ahvol soʻrashishga ulgurmay darvozaxonada avval Kesakpolvon, soʻng Xongirey bilan Mamatbey, keyin Jamshid koʻrinishdi.
— Obbo, kaltakessaging keldi-ku, koʻzing uchib turuvdimi? — dedi Jalil. — Kimlarni boshlab kelyapti?

Asadbek darvozaxona tomon qarab, bir titrab oldi. Yuzlari uchdi. Mushtumini qisdi. Undagi oʻzgarishni Jalil ham Muhiddin ota ham sezishdi. Shuning uchun Asadbekni mehmonlar bilan yolgʻiz qoldirishmadi.

Xongirey kelib, Asadbek bilan quchoqlashib koʻrishib, hamdardlik bildirdi. Asadbek uni shu onning oʻzida boʻgʻib oʻldirgisi keldi, hatto uni bir oz qisdi ham. Lekin ilojsizligini bilib, Xongireyning oʻlim topadigan baxtiyor kunini nariga koʻchirdi. Xongirey Asadbekning qattiqroq quchganini sezdi, buni yomonlik emas, yaxshilikka yoʻyib, xushnud boʻldi. Mamatbey, uning izidan Kesakpolvon ham quchoqlashishdi. Kesakpolvondan aroq hidi gupurib, Asadbek yuzini chetga burdi. Jamshid salom berib soʻrashdi-yu, iziga chekinib, uch-toʻrt qadam narida, amrga mahtal mulozim kabi qoʻl qovushtirib turdi.

Xongirey qadrdonining boshiga tushgan kulfatdan gʻoyat alamda ekanini, otasi oʻlganida ham bunchalik qaygʻurmagani, vaqtida kelolmagani uchun hijolatda ekanini aytayotganida Asadbek uning soʻzlarini eshitmas, ma’nosiz boqayotgan koʻzlarini roʻparadagi atirgul gʻunchasiga qadab olgan edi.

Birovlarning yuragida ilon mudraydi, birovlarning yuragida sher na’ra tortadi. Asadbekning yuragida esa bularning barchasi mujassam: ilon uygʻonsa, sher hamlaga intiladi. Ularni jilovlash uchun Asadbekdan qanchalar kuch talab etilayotganini oʻtirganlarning hech biri xis etolmasdi.

Asadbekning baxtiga mehmonlar uzoq oʻtirishmadi. Xongirey oʻrnidan turib «sogʻ boʻl», deb qoʻl uzatdi. Uning bu tilagi Asadbekning qulogʻiga «yoʻq boʻl» kabi eshitilib, vujudiga titroq yugurdi.

Kesakpolvon «sizlar oʻtiraveringlar, oʻzim kuzataman», deb mehmonlarni boshlab ketdi. Asadbek orqasiga oʻgirilayotgan Jamshid bilan koʻz urishtirib olishga ulgurdi. Bir hafta boʻldimikin, Jamshid daraksiz edi. Bular bilan boshlashib kirib kelishidan Asadbek bir balo boshlanayotganini sezdi.

Muhiddin ota mehmonlarning tashrifi mezbonga yoqmaganini sezdi. Bosh egganicha sukutga berilgan Asadbekni turli xayollar oqimidan tortish maqsadida soʻz qotdi:
— Haydar oshnangiz koʻp icharkan, chamasi, a?
— Koʻp emas, tinmay ichadi, u haromi, — dedi Jalil. — Oʻtgan yili ramazondan oldin «baliq yeb, xalqumni tozalayapman», devdi. «Sen Qora dengizning barcha baliqlarini pishirib yesang ham halquming toza boʻlmaydi», dedim.
— Hay-hay boʻtam, bandani bunday haqoratlamang.
— Men uni haqoratlamadim. Siz uning qiliqlarini bilmaysiz. Agar Abu Jaxl tirilib kelib shu kaltakessakka roʻpara boʻlsa, «olamda mendan oʻtadiganlar ham bor ekan-ku», deb koʻngli ancha taskin topardi.

Muhiddin ota «hay-hay, astagʻfirulloh», deb Asadbekka qarab oldi. Jalil bir kuni Kesakpolvon bilan jigʻillasha turib «senlar koʻp qon toʻkkansanlar», deganida uning tirjaygancha «qon yorugʻlik, akaxon», deb javob berganini ham aytmoqchi boʻldi-yu, oshnasiga gap yoqmayotganini bilib, indamadi.

Asadbek Jalil bilan Muhiddin otaning gaplariga be’etibor edi. Agar xayoli joyida boʻlganida «Abu Jaxl deganing kim?» deb soʻrar, Jalil esa chala ilmini jamlab, musulmonlarga, xususan Ollohning rasuliga qilingan yomonliklardan gapirib berarmidi...

Ular shom yaqinlashganini bahona qilib oʻrinlaridan turishdi.
— Shomni machitda oʻqib, oʻshanaqasi uyimga ketaman. Menda gaping yoʻqmi? — deb soʻradi Jalil.
— Samad olib borib qoʻyadi, — dedi Asadbek.

Jalil odatiga koʻra «avtobusda ketaveraman, onam meni mashinada tugʻmaganlar», demoqqa ogʻiz juftladi-yu, mavridi emasligini fahmlab, «Rahmat, oshna», deb qoʻydi.

Asadbek Jamshidni shu kecha kelib qolar, deb kutdi. Lekin undan darak boʻlmadi. Ertasiga ham kelmadi. Tunlarni bedor oʻtkazib, vujudining qaqshab ogʻrishidan xorigan Asadbek tongga yaqin mizgʻib olardi. Xongireyning tashrifidan soʻng bu ham yoʻqqa chiqdi. Bu safar subhi kozibda ham, subhi sodiqda ham Asadbek bedor edi. Tong otdi, ammo uning vujudidagi zulmatga nur oralamadi.

Peshinga yaqin Jamshid keldi. Asadbek maydalab soʻrab-surishtirmasa ham, bir haftaga yaqin nima uchun koʻrinmaganini tushuntirib berdi. Gapni Xongireyning atayin fotiha oʻqish uchun kelmaganidan boshladi.

2

«Polkovnikning yuragi kasal ekan, oʻldi», deb Xongirey navbatdagi yolgʻonini ishlatgan edi. Polkovnikning oʻlishi yoki tirik qolishi oʻzi uchun ahamiyatsiz boʻlgani sababli Mamatbey bu gapning chin yoki yolgʻonligini surishtirib koʻrmagan ham edi. Xongireyni kutib olgani chiqqanida yonida polkovnikni koʻrib, «ie, oʻlgan edi-ku?» deb ajablanmadi ham. Kesakpolvon «Xongirey avval fotiha oʻqigani borar», degan maqsadda «oshnasining gʻoyatda qaygʻuda oʻtirgani»ni aytdi. Xongirey mamnun holda Mamatbey bilan koʻz urishtirib olgach:
— Oldin ishni qilaylik. Fotiha qochmaydi, — degach, shaharda qolmay, yoʻlga tushishdi.

Jamshid ularni Afgʻon urushidan oʻliklari kelgan askarlardan birining uyiga boshlab bordi. Marhumning ota-onalari maskovlik aziz mehmonlarni izzat-ikrom bilan kutib olishdi. Polkovnik «internatsional burchini bajara turib qahramonona halok boʻlgan vatan oʻgʻloni orden bilan mukofotlanganini, tushunmovchilik tufayli orden vaqtida topshirilmaganini» aytib uni SSSR Mudofaa vaziri nomidan topshirdi. Yaralari yangilangan ota-ona farzandi yuzini silaganday ordenni silashdi. Ular bilishmasdiki, Moskvaning Arbat deb atalmish eski koʻchasidan bunaqangi ordendan istaganchasini sotib olish mumkin, guvohnomasini esa kompyuter degan beminnat dastyor aslidan ham yaxshiroq qilib tayyorlab berardi.

Ordenni topshirish paytida Mamatbey bilan Kesakpolvon qabristonda edilar. Izma-iz yetib kelgan odamlari yuk mashinasidan qabrtoshni tushirishdi. Ish shoshqich ravishda amalga oshirilib, qabr ochilib, temir tobut teshilganini goʻrkov ham sezmay qoldi.

Polkovnik temir tobut minalashtirilmaganiga qa-sam ichgan boʻlsa ham Mamatbey unga yaqinlashishga qoʻrqdi. Qabriston darvozasi yonidagi chogʻroq xonada goʻrkovni gapga solib oʻtirdi. Oq marmardan ishlangan qabrtosh tuproq ustiga oʻrnatilib, ish bir soatga qolmay yakunlandi. Ana shundan keyin Mamatbey marhumning uyiga xabar yubordi.

Shu tarzda boshqa qishloqlarga ham borishgach, ishning zoʻr darajada uyushtirganlari uchun Mamatbey, Kesakpolvon, Jamshid xoʻjayinlaridan olqish eshitdilar.
— Qabrtosh oʻrnatishni zoʻr topibmanmi? — dedi Xongirey, — oʻlik boʻlishsa ham ular bizning sheriklarimiz. Men sheriklarimning oʻligini ham hurmat qilaman.

Ish oxiriga yetgach, Asadbeknikiga fotihaga kelishdi.

Soʻng Mamatbeyning qarorgohida ziyofat boʻldi.

Ziyofatdan keyin Jamshid polkovnikni mehmonxonaga boshlab ketdi. Polkovnik u yerda ham aroqxoʻrligini davom ettirdi. Jamshidga uni tashlab kelish emas, ertalabgacha yonidan jilmaslik topshirilgan edi. Yarim kechagacha polkovnikning jagʻi tinmadi. Afgʻondagi ishlarini aytib, maqtanib, shuning orasida oʻzi bilmagan holda temir tobutlarga qoradorini qanday mahorat bilan joylashtirganini ham oshkor etib qoʻydi.
— Sen kim bilan ishlayotganingni bilasanmi? — dedi polkovnik Jamshidning boʻyniga qoʻl tashlab olib.— Xongirey! U haqiqiy erkak! Selimni bilarmiding? U meni laqillatmoqchi boʻldi. Men esam unga minalashtirilgan tobutni roʻpara qildim. Menga qara, ahmoqqa oʻxshaymanmi, a? Ha! Men oʻljaga bir toʻda odamning tashlanishini bilardim. Xongirey mardlik qildi. Selim bilan teng sheriklikka kelishuvdim. Xongirey oʻttiz foiziga koʻndi. Menga yetmish foiz tegadi. Tushunyapsanmi? Men eng boy polkovnik boʻlaman. Oʻsha yetmish foiz hisobidan Xongirey menga Shaxovskiydagi uyini berdi. Men seni oʻsha yoqqa birga olib ketaman, uyni yuvamiz...

Tun yarimlaganda Mamatbey qoʻngʻiroq qilib, polkovnikning ahvoli qandayligi bilan qiziqdi. Jamshidning «ichib, sayrab oʻtiribdi», degan javobini eshitib amr qildi:
— Ziyrak boʻlib tur, mazasi qochsa, «tez yordam» chaqir. Toʻrtinchi kasalxonaga olib borasan.

Oradan bir soat oʻtmay, polkovnik yuragi qattiq sanchayotganini aytgach, Jamshid «tez yordam»ni chaqirdi. Bemor kasalxonaga yetkazilganidan soʻng ham Jamshid iziga qaytmadi. Ertalabga yaqin vrach chiqib, polkovnikning «uzilgani»ni aytgach, Mamatbeyga qoʻngʻiroq qildi-da, «oʻsha yerdan jilma», degan buyruq oldi...

Jamshid shu voqealarni Asadbekka batafsil bayon qilgach:
— Polkovnik uchun maxsus tobut yasatibdi. Uni Xongireyning oʻzi olib ketdi, — dedi. — Nazarimda yigʻilgan qoradorilarning yarmi shu tobutda ketdi. Polkovnikning ixtirosi oʻzining boshini yedi.
— Yarmi ketganini qaerdan bilasan, koʻrdingmi?— deb soʻradi Asadbek.
— Koʻrmadim, meni bu ishga yaqinlashtirishmadi. Qaerga yashirishganini ham bilmayman. Xongirey ketadigan paytda Mamatbeyga «qolgan yarmi uchun boshing bilan javob berasan», deganini eshitdim.
— Nima uchun hammasini olib ketmadi?
— Tobut ogʻir boʻlib ketarmikin?
— Yoʻq... unday emas... Mamatbey shu yerda boʻlsa, demak, ishning chalasi bor.
— Bu ishning bir uchini Halimga aytaymi?
— Nega?
— Agar xitlarga xizmat qilishi aniq boʻlsa, darrov xabar yetkazadi. Ular Moskovga darak berishadi. Maskovliklar oʻlikni ochib koʻrishadi.
— Keyin-chi?
— Keyin?.. — Jamshid «bilmayman» deganday yelka qisdi.
— Keyin Xongirey senga yopishadi. Hozircha indama...

Asadbek bedor tunda oʻylay-oʻylay, chekinib xatoga yoʻl qoʻyganini anglab yetgan edi. Harna boʻlsa ham oʻrnida mahkam turmagani uchun oʻzini la’natladi. Endi paysalga solmay xujumga oʻtishni moʻl, qarorgohini shahar markazidan Eski joʻvadagi vassajuftli uyga koʻchirishga ahd qilgan edi. Hozir oʻsha ahdiga binoan Jamshidga topshiriq berdi: Eski joʻvadagi uyni qanday topishni tushuntirib, Tarzanni yoniga olishni buyurdi.

3

Elchin aravachada yurib oʻzini oʻzi eplab qolgani uchun Zaynab kunduzlari onasining yonida boʻlardi. Tunda esa otasi kabi qiynalib chiqardi. «Men hayotdan toʻygan edim, jonimni olmading. Akam yashashi kerak edi, oʻlimni yubording», deb u ham Yaratganga da’vo qilardi. Da’volari tilga koʻchmagani sababli uni tavbaga da’vat etuvchi yoʻq edi.

Zaynab otasining xohishiga koʻra, peshinga qiymali shoʻrva qildi. Ovqatlanib boʻlishgach, Asadbek Abdusamadni chaqirdi-da, «kelinlar uyda siqilib oʻtiraverishmasin, shaharni aylantirib kel», dedi. Ular ketishgach, Zaynab onasi bilan birga shiyponni yigʻishtirdi. Koʻrpachalarni qoqib, qayta solishayotganida Asadbek chiqib, ona-bolaga «oʻtiringlar», dedi.
— Kecha kechqurun doktor Xudoyor qoʻngʻiroq qiluvdi, — dedi Asadbek Zaynabga qarab.

Manzuraga bu ma’lum edi. Doktor Xudoyorning nima deyishi mumkinligini ham bilardi. Shuning uchun kechadan beri «u kishi nima dedilar?» deb soʻrashga yuragi betlamayotgandi. Asadbek esa Manzuraning soʻrashini kutayotgandi. Xotinidan sado chiqavermagach, Zaynabga qarab gap boshlagan edi.
— Doktor Xudoyor sal xafa boʻlib gapirdi.
— Nega? — dedi Manzura.
— Senga nima deb tayinlaganidi? Bir oyda qaytishsin, deganmidi?
— Voy, adasi... — Manzura e’tirozini boshlay olmadi, Asadbek uning gapini shart uzdi:
— Ularga bahonang oʻtmaydi... Men Hamidni... aytmadim. Shu hafta bularni joʻnatishga va’da berdim.
— Shu hafta? — eri bilan bahslashishga odatlanmagan Manzura chorasizlikdan bosh egdi.
— Hamid ham aytuvdi... Ozgina chidagin endi... oʻqishlari chala qolmasin.

Keyingi gapni Asadbek yalinish ohangida aytib, Manzuraning koʻnglini battar vayron qildi. Asad- bek — Asadbekligini qilib, qat'iy tarzda xohishini bayon etganida Manzura ham, Zaynab ham ezilishmas edi. Manzura piqillay boshlaganidan keyingina avvalgi Asadbekning ovozi chiqdi:
— Boʻldi qil.
— Kelin ham ketadimi?
— Ularning ham oʻqishi bor-ku? Xohlasang birga keta qol.
— Voy... — Manzura «oʻgʻlimning arvohini chirqiratib tashlab ketamanmi?» deganday eriga qaradi. Asadbek xotinining bir qadam nariga jilmasligini bila turib, bu taklifni aytgan edi. Shu sababli uning qarashiga e’tibor bermadi.

Abdusamadning ham, kelinlarning ham shahar aylanadigan kayfiyatlari yoʻq edi. Otalarining xohishiga koʻra chiqqanlari uchun uzoq yurishmadi. Ular qaytib kelishgach, Zaynab akasini xoli xonaga chaqirib, adasining gaplarini yetkazdi.
— Soʻrashga uyalib yuruvdim, yaxshi boʻlibdi, — dedi Abdusamad.
— Ketishni xohlayapsizmi? — dedi Zaynab.
— Oʻqishni chala tashlashim kerakmi?
— Adam bilan oyimni shu holda tashlab ketaverasizmi?
— Sen borsan-ku?
— Ketmang.
— Nega?
— Adamni yolgʻiz qoʻyish mumkinmas.
— Nega?
— «Nega, nega?» deyaverasizmi?! Tushunmayapsizmi? Hamid akam oʻzlaricha kasal boʻldilarmi?
— Nima deyapsan?
— Hamid akamni adamning dushmanlari oʻldirishgan...

Abdusamadda ham shunday fikr bor, ammo bu gumon aniq tasdigʻini topmagani uchun ishonmaslikka harakat qilardi. Singlisidan bu haqiqatni eshitib, lol qoldi.
— Kimdan eshitding?
— Birovdan eshitishim shartmi? Men aniq bilaman. Siz bosh oʻgʻilsiz, qasos olish kerak!
— Zaynab, senga nima boʻldi, bunaqa gaplarni gapirma.
— Qasos olmasak, Hamid akam goʻrida tikka turadi.

Zaynabning xuddi otasi kabi keskin gapirishi Abdusamadga ta’sir etdi. Singlisiga bir nima demoqqa qiynaldi. Soʻng soʻz topishga urindi:
— Zaynab, bunaqa demagin. Agar dushmanlarning ishi boʻlsa ham adam nima qilishni oʻzlari biladilar. Bizni bunaqa ishlarga baribir yaqinlashtirmaydilar. Agar aralashishimizni istasalar bizlarni oʻqitmasdilar. Sen bilan men nimani bilamiz? Limonad tsexlari bor, taksi kooperativlari bor. Yana nima? Qolgan gaplarni mish-mishlar orqali bilamiz. Adam bizning oldimizda ishdan hech gapirmaganlar. Demak, bizni bosh-qa odam boʻlishimizni istaydilar.
— Qanaqa odam?
— Masalan, olim boʻlishimizni...
— Qasos-chi?
— Bu gapni xayolingdan chiqarib tashla.
— Hech qachon! Agar siz ketsangiz, oʻrningizga oʻzim qolaman!

Zaynab shunday deb chiqmoqchi edi, Abdusamad yoʻlini toʻsdi. Kesakpolvon «Asadbekning asl qizi», deb yanglishmagandi. Yumshoq koʻngilli Abdusamad singlisining yoʻliga gʻov boʻlolmadi.

Abdusamad bilan kelinlar safar tadorigini koʻrishayotganida Zaynab Jamshidni uchratish harakatida boʻldi. Uchrashdi ham. Maqsadini aytdi ham. Biroq, Jamshiddan oʻzi kutmagan javobni eshitdi:
— Bu erkaklarning ishi. Agar men oʻlsam, mening oʻrnimga sen kelasan. Ungacha bu gaplarni xayolingdan chiqarib tashla. Bek akamning yonlarida men borman, koʻnglingni hotirjam qilaver.

Abdusamad ham «bu gapni xayolingdan chiqarib tashla», devdi. Zaynab chorasiz qoldi. Ahdidan otasi ogoh boʻlsa, oʻzining uy qamogʻiga mahkum etiluvini anglab, Jamshiddan «Adamga aytmang», deb iltimos qildi.

XXV bob

1

Oysanam Erkaevaning uyiga poyloqchi qoʻyish kutilgan natija bermadi. Kesakpolvon bu uyga boshqa kelmadi. Asadbekning davrasidagi boʻlak odamlardan ham darak boʻlmadi. Shundan soʻng Zohid moʻljalidagi ikkinchi ishni amalga oshirishdan oldin haydovchi Eshpoʻlatovning uyiga borib, uning xotini bilan gaplashdi. Avvaliga Zohid uchun yangilik boʻluvchi biron yangi gap chiqmadi. Oldingi tergovchining bayonnomasidagi gaplardan nariga oʻtmadi. Shunda Zohid soʻradi:
— Eringizni tuhmat bilan oʻtiribdi, deb oʻylaysizmi?
— Unda nimaga oʻtiribdilar?
— Eringizning chiqib kelishini istaysizmi?
— Voy, nega xohlamas ekanman? Bolalarim «adam qachon chiqadilar?» deb siqilib ketishdi.
— Unda yaxshilab eslang: Shokarimov yoʻqolgan kunlari eringiz uyga vaqtida kelgan ekan. Keyin-chi? Kechki payt uni hech kim chaqirmadimi?

Xotin oʻylanib turib:
— Chaqirdi, — dedi.
— Kim chaqirdi?
— Qayinsinglim, Oysanam.
— Nega chaqirdi?
— Bilmadim.
— Oldin ham chaqirib turarmidi?
— Ha. Mashinasiz bir qadam yurmaydi. Sal narsaga yakshanba kuni ham chaqiraverardi. Boyaqish adamiz dam olish nimaligini bilmasdilar.
— Oʻshanda qaysi kiyimda borib-keldilar, eslang.
— Ishga kiyadigan kiyimlari.

Zohidning talabi bilan xotin oʻsha kiyimlarni javondan olib koʻrsatdi. Zohid uning ijozati bilan boshqa kiyimlarini ham koʻzdan kechirib, ayrimlarini tekshirtirish uchun oldi. Tekshirish natijasi oʻsha kuniyoq ma’lum boʻldi: pidjakning yengidagi qon dogʻi, shimdagi tuproq qoldiqlari Zohidni gumon sahrosidan haqiqat vodiysi tomon boshlaganday boʻldi. U shosh-qich ravishda tintuvga ruxsatnoma olib, qidiruv guruhi bilan Shokarimovning uyiga bordi. Yertoʻladagi kavlab, jasad koʻmib qoʻyilgan joy uning barcha savollariga javob berdi.

Erining oʻsha kuni barvaqt kelgani, soʻng orada mashmasha chiqib, katta janjalga aylangani, oqibat musht ishga tushganini Oysanam uyda emas, qamoqning soʻroqxonasida aytdi. «Men oʻzimni himoya qildim. «Boʻgʻaman», deb yopishganlarida itarib yubordim, yiqilib, boshlari dazmolning uchiga tegdi. Shu bilan... jonlari chiqdi», deb uvvos tortib yigʻlashni boshladi.

Masala yechilgach, necha oy davom etgan ish Zohidga oddiy gapday boʻlib koʻrindi. Zaripovani ozod qilish haqidagi qarorni yozib berdi. Bir koʻngli qarorni oʻzi olib borib, bu jabrdiyda ayolni kuzatib qoʻymoqchi ham boʻldi. Lekin bahsda yengilganini tan olib borishni istamadi. Buning ustiga respublika prokuraturasidan Said Qodirov yoʻqlab qoldi.

Zohid «Ish»ning yakuni haqida hisob berganidan soʻng Said Qodirov:
— Asadbeklarning ishi yangi bosqichga kiryapti, — dedi. — Ularning orasidagi odamimiz topildi. Uni narkokurer sifatida Krasnoyarga yuborishgan ekan. Nazarimda sinab koʻrishmoqchi boʻlishgan. Uning xabariga qaraganda, Asadbek oʻzining eng yaqin sherigidan uzoqlashgan. Oraga Moskva mafiyasi aralashgan. Demak, ishi yana ham qiyinlashadi. Moskva jinoiy guruhining militsiya bilan aloqasi yaxshiga oʻxshaydi. Biz bir yangi gap topib u yoqqa yuborsak, yoʻq boʻlib ketishi mumkin. Krasnoyarda bizning odamni mol bilan qoʻlga olishgan. Lekin uning uyiga tekshiruv kelmagan. Biz tomonga xabar ham berilmagan. Keyin uni qamoqdan chiqarishgan. Hozir unga ish buyurmay qoʻyishgan.
— Chaqirib olish kerakdir?
— Hali vaqt bor. Asadbekning «Kesakpolvon» laqabli sherigi Moskva guruhi bilan qoradori boʻyicha katta ish boshlaganga oʻxshaydi. Asadbek chetda emish. Nega? Shuni aniqlash kerak. Yana bir gap: Mirodil degan odamning xotini bizga murojaat qildi: eri yoʻqmish. Mahmud Ehsonovning janozasidan keyin yoʻqolgan. «KamAZ»dan tushgan odam oʻshanga oʻxshaydi: past boʻyli, kallasi katta. Laqabi ham shunga yarasha — Xumkalla.
— Tinchitib yuborishganmi?
— Shunaqaga oʻxshaydi. Bu ishlar boʻyicha ma’lumot yuqori idoraga qadar yetib bordi. Yangi kattamiz bu masalada juda qattiq talab qilyapti. Biz sizni bu yoqqa ishga chaqirish maslahatini pishirib qoʻydik. Asadbeklar doirasiga bogʻliq yopilgan hamma ishlar qayta qoʻzgʻotiladi. Nima deysiz?

Zohid yangi rahbarning talablari haqida mayor Soliev aytgan gaplarni eslab, «demak, asosiy ishlar endi boshlanadi», deb qoʻydi.
— Nega oʻylanib qoldingiz? Taklif yoqmadimi? Yo Qoʻrqyapsizmi?
— Qoʻrqyapman. Shu ishning chala qolishidan qoʻrqyapman.
— Endi bundan qoʻrqmang. Vaqtincha, aldovchi chekinish tugadi.

Said Qodirovning bu gapidan Zohidning koʻngli yayrab:
— Qahva ichmaymizmi? — deb soʻradi.
— Ha, albatta, endi aqlni peshlab olish kerak.

Ikki kundan soʻng Zohid Said Qodirovning yonidagi xonadan joy oldi. Ularga harakatning asosiy yoʻnalishini oʻn kun ichida ishlab chiqish topshirildi. Ular guruhning jinoyatlarini bir-bir bayon qilib berishlari mumkin edi. Ammo ularning zimmasida buni isbot etish, guruhning barcha a’zolarini jinoyat ustida qoʻlga olish vazifasi turardi.

U damda Zohid oʻzining bu urinishdagi birinchi qurbon boʻlishini bilmas edi.

2

Zohid ish joyini oʻzgartirgan kuni Asadbek oʻgʻli, kelinlari bilan Moskvaga qarab uchdi. Uning qaroridan Kesakpolvon Xongireyni ogoh etib, «Jamshid birga kelsin», degan topshiriqni oldi. Jamshidning shaharda Tarzan bilan qiladigan ishlari bor edi. Shuning uchun Asadbek uning oʻziga xamroh boʻlishini noxushlik bilan qabul etdi.

Moskvada ularni Ilikoning oʻzi kutib olib, ikki kundan soʻng Abdusamad bilan kelinlari oʻzi kuzatdi.

Kuzatadigan kuni ertalabdan Asadbekning koʻngli gʻash boʻldi. Nazarida farzandini, kelinlarini soʻnggi marta koʻrayotganday edi. «Sheremetevo-2»ga yetib borishganda bolalari tekshiruvdan oʻtayotgan ekan. Oʻgʻlini bagʻriga bosib oʻpganida, kelinlari Ovrupo odatiga koʻra uning yonogʻidan oʻpishganda, ayniqsa Mushtariy yigʻidan ovunolmagan holda asta-asta uzoqlashayotganida undagi gʻashlik alanga oldi. Chap koʻkragidan bir nima uzilganday boʻldi. U hatto «yuragim hozir yoriladi, bu ayriliqqa chiday olmaydi», deb oʻyladi. Yuragi yorilib oʻlganlarni koʻp eshitgan: avval koʻz oldi qo-rongʻulashadi, nafasi qaytadi, keyin chap kuragida qattiq ogʻriq sezadi... Asadbek aynan shunday boʻlishini istadi. Hammasidan biratoʻla qutulgisi keldi. Lekin koʻz oldi qorongʻulashmadi, nafasi qaytmadi, kuragida ogʻriq sezmadi. Faqat boʻgʻziga bir nima tiqilib, yigʻlagisi keldi. Koʻzlaridan yosh oqqanini oʻzi ham sezmadi.

Uchoq uchib ketganidan soʻng ham Asadbek iziga qayt-gisi kelmay turdi. Iliko shu yerdagi restoranda joy tayyorligini aytgach, unga noiloj ergashdi.

Iliko «ularning parvozi bexatar boʻlsin», deb qadah koʻtargach, boʻgʻzida qadalib turgan narsadan qutulish uchun ham ichdi. Aroq tomogʻini kuydirib oʻtdi-yu, ammo qadalib turgan narsa yoʻqolmadi.

Jamshidning soatga qarab olganini sezgan Iliko:
— Ishing boʻlsa boraver, Bekni oʻzim kuzatib qoʻyaman, — dedi.

Jamshid «ijozatmi?» deganday xojasiga qaradi. Asad-bek uni Xongirey chaqirtirganini bilardi. Shu sababli koʻz qarashi bilan «boraver», deb ruxsat berdi.

Iliko bobosining soʻnggi damlarini, Sulikoni koʻp eslaganini ayta turib:
— Seni ham koʻp yodga oldilar, — dedi.

Asadbek cholning armonlarini xayoliga keltirib:
— Bobong senga nasihat qilib qoʻyishimni istagandilar, — dedi.
— Qanaqa nasihat?
— Bobong seni yoʻlingdan qaytishingni, boshqacha yashashingni xohlardilar.
— Buni bilaman... oʻzimga ham aytganlar. Endi or-qaga qaytish yoʻq. Orqada faqat oʻlim bor. Endi oʻyindan chiqish mumkinmas, bu oʻzingga ham ma’lum.
— Oldinda ham oʻlim bor, — dedi Asadbek oʻychan tarzda.
— Toʻgʻri aytding. Istaymizmi, istamaymizmi, endi ikki oʻlim oraligʻida «lezginka»ga oʻynayveramiz.
— Men ungacha ozgina boʻlsa ham odamga oʻxshab yashab olmoqchiman. Mening oshnam bor. Bir kuni «sen baxt izlab umr kechirmading, qasos deb yashading», deb ta’na qildi menga. Umuman u toʻgʻri aytdi. Endi men uchun bitta qasos qoldi. Keyin baxt izlab koʻrsammikin? — Asadbek shunday deb ayanchli kulimsiradi.

Iliko sigaret tutatib, tutundan nimadir oʻqiganday tikildi.
— Yoʻq, — dedi u. — Endi kechikding, Bek. Bizning baxtimiz — zoʻr bir dushmanning qoʻlidan oʻlim to-pish.
— Baxtga kechikdim... — dedi Asadbek xoʻrsinib, — Qasosga kechikmasam bas.
— Qasosing — Xongireymi?
— Ha. Yana bir kishi.
— Shoshilma. Xongireyni menga qoʻyib berasan. Unga eng avval men haqliman. Ish pishyapti. Yaqinda u oʻlim farishtasi bilan oʻpishadi. Sen menga halaqit bermay tur.
— Yoʻq, Iliko, sen menga halaqit berma. Sendan koʻra men ikki, yoʻq, uch karra haqliman. Oʻrtada sen uchun akang bor, xolos. Mening esa doʻstim bilan oʻgʻlim bor. Yana tutingan ukam ham bor.
— Sen nimaga qasd qilayotganingni bilmayapsan. Bu yerda Xongireyni chivin chaqishi ham qiyin.
— Shuning uchun u biz tomonga borishi kerak. Yaqinda borganida gʻaflatda edim. U yana bir boradi.
— Men bexabar qolmay.

Ilikoning kuzatuvida «Domodedovo»ga kelgan Asadbek Jamshidni kutib, hatto keyingi uchoqda uchmoqchi ham boʻldi. Lekin Iliko bunga koʻnmadi.

Jamshid ikki kundan soʻng qaytib, ushlanib qolishi sababini aytdi.

Jamshidni yoʻqlagan Xongirey oldinda katta ishlar turganligidan gapirib, Kesakpolvondan koʻngli toʻlmayotganini bildirdi:
— U bir merov, laqma ekan. Bek akang qanday qilib uni yonida olib yuribdi?

Jamshid «bilmayman» deganday yelka qisdi.
— Men uning oʻrnida seni koʻrmoqchiman, — dedi Xongirey oʻtkir koʻzini unga qadab.

Jamshid bu kutilmagan gapdan noqulay ahvolga tushib, undan nigohini olib qochdi.
— Mening ustozim Zelixon ogʻa odam tanlashni bilardi. Seni menga bekorga tavsiya etmagan. Sen noz qilib oʻzingni u yon-bu yon tashlamaginu, Bekning oʻrniga tayyorlan. Bek seni oʻldirmoqchi edi. Istasang uni oʻldirishing mumkin. Men uni senga sovgʻa qildim.

Xongirey bu maqtovlardan soʻng Jamshidga boʻlajak vazifani tushuntirdi:
— Kecha Moskvaga polshalik talabalar kelishdi. Komsomolning «Sputnik» degan sayyohlik xizmati bor, bilasanmi? Polshaliklar shularning taklifi bilan kelishgan. Ertadan keyin ular sening yurtingga uchishadi. Ularning orasida krakovlik bir yigit bor. Sen Krakovda boʻlganmisan?
— Yoʻq.
— Adashma, boʻlgansan, esingdan chiqdimi? Axir «yuksak askarlik burchingni» Krakov yaqinidagi Sovet qoʻshinlari safida oʻtagansan-ku?

Jamshid Xongireyning nima demoqchi ekanini ang-lab, «davom etavering, maqsadingizni tushunyapman», deb qarab turaverdi.
— Polshaliklar «Yunost» mehmonxonasiga joylashishgan. Sening xonang oʻsha krakovlik yigitning roʻparasida. Yigitning ismi — Valdemar Vilchek.

Xongirey shunday deb unga surat koʻrsatdi. Keyin «Krakov» degan suratli kitobni qoʻliga tutqazdi.
— Kechgacha koʻrib, oʻqib, suv qilib ichib yubor. Kechqurun u bilan restoranda tanishasan. Qolgan topshiriqni Mamatbeydan vaqti kelganda olasan,— dedi Xongirey.

Xongireyning topshirigʻini, Valdemar bilan tanishib kelganini bayon qilib boʻlgach, Jamshid «Endi nima qilamiz?» deganday Asadbekka qaradi.

Jamshid «Krakov» degan soʻzni tilga olganidayoq Asadbek Xongireyning Krakovga borishi haqidagi gapini esladi. Otasining vasiyati, amakisining Krakov uchun boʻlgan janglarda xalok boʻlganini Jamshidning shu shahar yaqinida xizmat qilgani bilan bir narsa ekanini tushundi. Xongireyning maqsadini fahmlaganday ham boʻldi:
— Polkovnikning oʻlimini toʻrtinchi kasalxonada tobutga joylashganmidi? — Asadbek shunday savol berdi-yu, javob kutmay, oʻylandi: «Polkovnik yashagan mehmonxonadan bu kasalxona uzoq. Yoshlarning mehmonxonasi esa juda yaqin... Krakovlik bola ham shu yerga tushmasmikin?..»
— Mamatbey nima qilishni aytmadimi?
— Yoʻq hali.
— Bolani balki polkovnik singari mehmon qilarsan?
— Yoʻgʻ-e?
— Molning yarmi shu yerda-ku? Sen toʻrtinchi kasalxonaga bor. Oʻlikni yorgan odamni top. Siquvga ol. Ammo qochirib yuborma, bizga ham bir xizmat qilib berishi mumkin. Agar men Xongireyning oʻrnida boʻlganimda qoradorini chet elga Maskov orqali yubormas edim. Chegaradan katta molni olib oʻtish osonmas. Maskovga olib ketgan molni oʻsha atrofda pullaydi. Chet el bilan ahdi boʻlsa — eng oson yoʻl shu. Bojxonada oʻlik titib koʻrilmaydi. Sen Tarzanga tayinla. Yigitlarni xitlatib qoʻymasdan Haydar akangni kuzatsin.

Asadbekning taxmini toʻgʻri chiqqanini Jamshid polshaliklar Urganchdan qaytishganda bildi. Mamatbey Krakovlik yigitni yaxshilab mehmon qilishni topshirib, qoʻliga ixcham yelim xaltachada kukun berdi. Jamshidning vazifasi shu kukunni musallasga solish edi xalos. Polkovnikni kuzatib borganday borishi, kutib oʻtirishi lozim emasdi. Kechasi qornida kuchli ogʻriq turgan mehmonni «Tez yordam» eng yaqin joyga — toʻrtinchi kasalxonaga olib bormogʻi muqarrar edi.

3

Jamshid polshalik mehmonlar bilan uchgan kunning indiniga Xongirey xos yigitlari bilan birga Varshavaga, avtomobil safariga yoʻl oldi. U hammasini aniq hisoblab chiqqan edi. Polshaliklar Urganch sayohatidan qaytishib, Jamshid Valdemarni mehmon qilayotganida Xongireyning mashinasi Brest chegara postidan oʻtgan edi. Uning moʻljalicha, Polsha yerlarida sayru-sayohat qilib Krakovga kelgunicha Valdemarning jasadi solingan tobut Krakovga keltirilib, marhum yerga topshirilishi kerak edi.

Xongireyning rejasidan bexabar pan Lyubomirskiy mehmonlarni qarorgohida kutib olib, ziyofat qilgach, olib kelingan qoradorining miqdori bilan qiziqdi.
— Siz aytgandan koʻra koʻproq, — dedi Xongirey unga ayyorlik bilan boqib.

Soʻng molning qaerdaligini aytdi. Bu yangilik koʻpni koʻrgan panni ham taajjubga soldi. Oʻlikning qorniga qoradori tiqish hatto unga ham vaxshiylik boʻlib tuyulib, qoshlarini sal chimirdi.
— U holda beriladigan pulning oʻn foizini chegirib qolamiz, — dedi u.

Kashfiyoti uchun pandan olqish eshitishni niyat qilgan Xongirey uning bu gapidan ajablandi:
— Nega endi? Ahdni buzasizmi?
— Ahd buzilmaydi. Biz bir polshalik yigitni oʻldirishga ahdlashmagan edik. Oʻn foiz marhumning oilasiga beriladi.
— Uni biz oʻldirmadik. Koʻp meva yeb, zaharlangan.
— Yosh yigitlar bekorga zaharlanishmaydi.

Xongirey qovogʻi soliq panning bir soʻzli ekanini bilib:
— Xoʻp, unda besh foizini beramiz, — dedi.
— Men savdolashmayman, — dedi pan keskin tarzda. — Pulni siz bermaysiz, biz olamiz.

Ortiqcha e’tirozga oʻrin qolmadi. Kech kirishi bilan yoʻlga otlanishdi. Pan Lyubomirskiy Xongireyning yigitlaridan qurollarni oldirib qoʻyib, ularni qarorgohda qoldirdi. Oʻzi ham qabristonga bormadi. Xongirey uning yordamchilari bilan qabristonga borib tobutning chiqarib olinishini, ochilishini oʻzi kuzatdi. Jasadning egnidagi kiyim yechilishi bilan yorilgan qorinni tikkan iplarga qaradi. Iplar kelishilgandek zarhal edi. Tugunlari ham belgilangancha edi. Xongirey «demak, yoʻlda ochishmabdi», deb yengil tin oldi. Biroq, murdaning qorni ochilib, qoradori oʻralgan tuguncha koʻrinmagach, koʻz oldi qorongʻulashdi. Pan Lyubmirskiyning yordamchisi «nega aldading?» yoki «senga kim pand berdi?» deb soʻrab oʻtirmadi. Yigitlariga imo qilishi bilan Xongireyning qoʻllari orqasiga qayrilib, kishan urildi.

Pan Lyubomirskiy ham «nega unday boʻldi?» deb surishtirmadi.
— Sen bilan ish pishmasligini sezgan edim. Gamlet hadeb maqtagani uchun ishonibman. Sen katta ish qilolmas ekansan. Oʻzingning bu yoqqa kelishing, sening eng katta ahmoqliging. Rejangning nima uchun amalga oshmagani bilan mening ishim yoʻq. Bu sening masalang. Bundan bu yogʻiga sen Lvovga ham yaqinlashmaysan. Oʻlgan yigitning xunini esa baribir toʻlaysan. Yigirma kilo dorining hisobidan berasan. Pul kelguncha yigitlaring shu yerda turishadi. Bir hafta ichida pul kelmasa, bularning oʻliklarini olib ketasan. Ha, olib ketasan. Bu yerga koʻmdirmayman ularni.

Katta boylik havasida yoʻlga chiqqan Xongirey orqasidan tepki yeb xorlangan it kabi Moskvaga qayt-di-yu, Kesakpolvonni chaqirtirdi.Xongireyning rejasini oʻzicha toʻgʻri oʻqigan Asadbek aynan shu yerda yanglishdi: Xongirey nima gap boʻlganini surishtirish uchun oʻzi kelmay, aybdorlarni chaqirtirishni ma’qul koʻrdi.

4

Moskvaga shoshqich chaqirtirilganlarining boisini Mamatbey ham, Kesakpolvon, Jamshid ham bilishmas edi. Xongirey ularning har biri bilan alohida, alohida gaplashdi. Unga qadar Kesakpolvon ham, Jamshid ham zindon kabi qop-qorongʻu va zax yertoʻlada mahbus kabi saqlandilar.

Jamshid oʻz vazifasini bexato bajargan edi. U polshalikning vafotidan keyingi boʻlajak voqealardan bexabar edi. Keyingi ishlardan faqat Mamatbey bilan Kesakpolvongina xabardor edi. Shuning uchun Jamshidning boshi ustidagi gumon buluti tarqalib, Kesakpolvon tomonda quyuqlashdi.

Polkovnikning tobuti yonida ham, krakovliknikida ham Kesakpolvon turgan edi. U tobut qopqogʻini mahkam mixlatib, qotirib ketgandi. Ketishi bilan Tarzanning kelishi, tobut ochilib, qoradori olinishi, marhumning qorni avvalgiday tikib qoʻyilishini u yetti uxlab, bir tushida koʻrmagan edi. Masalaga qorinni yorgan doʻxtir oydinlik kiritishi mumkin edi. Ammo Xongirey Kesakpolvonga bunday imkoniyat bermadi. Jamshid bilan qaytgan Mamatbey oʻsha odamni qidirdi. Biroq, topolmadi.

Xongirey «Asadbekka sovgʻa», deb bir quti berib yuborgan edi. Jamshid unda nima borligini taxminan bilganligi uchun koʻrsatgisi kelmadi. Lekin sovgʻa olib kelganini bildirdi.
— Koʻrsat,— deb talab qildi Asadbek.

Jamshid uni uyga olib kirishni istamadi. Asadbek koʻchaga chiqqach, mashina yukxonasini ochib, quti bogʻlangan shoyi tasmani yechdi.

Jamshidning taxmini toʻgʻri edi — qutida Kesakpolvonning kallasi yotardi. Asadbek unga uzoq tikilmadi. Bir paytlar uning yuziga tupurgan lablar goʻyo alam bilan qimtilgan edi. Chaqchayib qolgan koʻzlar esa goʻyo «Men oʻlmaganman, tirikman, men oʻlmayman» deya-yotganday edi. Asadbek bu oʻlik basharaga tupurgisi, tupurib xumordan chiqqisi keldi. Biroq oʻzini tutdi. Qutining qopqogʻini yopdi-da:
— Koʻmdirib qoʻy, — dedi.
— Qaerga? — deb soʻradi Jamshid.
— Malla goʻrkovga ayt, Hosilning goʻriga qoʻysin.

Jamshid mashinaga oʻtirayotganida Asadbek uni toʻx-tatdi:
— Mallaga tayinla, koʻzlarini yumdirib, keyin qoʻysin.

Goʻrkov xarchand urinmasin, qotib qolgan mijjalar yumilmadi. Shundan soʻng u ochiq koʻzlar ustiga bir hovuch tuproq toʻkdi-da, lahad ustidan tuproq tortdi.

Bu dunyoga sigʻishmay, talashgan ikki odam bir lahadda jam boʻlishdi...

Bir haftadan soʻng pochtachi Asadbeknikiga qalin xatjild tashlab ketdi. Asadbek birovga xat ham yozmasdi, maktub ham olmasdi. Shuning uchun ajablanib, jild-ni ochdi. Undan gazeta chiqdi. Yarim betga yaqin joyni egallagan maqola oʻrtasida Xongireyning rasmi bor edi. Yoʻgʻon harflar bilan «XX asr: Girey xonning hojatxonada oʻldirilishi» deb sarlavha qoʻyilgan maqola «Oʻtgan kuni Moskvada «Xongirey» nomi bilan mashhur qonundagi oʻgʻri hojatxonada chavaqlab tashlandi...» degan satrlar bilan boshlanardi.

Asadbek maqolani oxirigacha oʻqimadi.

Iliko uni dogʻda qoldirgani uchun armon bilan xoʻrsindi.

Xongireyning oʻlimini eshitgan Iliko ham shunday armon bilan xoʻrsinganda, Xongireyni tomsklik Balabuxaning yigitlari oʻldirib ketishganidan u bexabar edi.

Asadbek uyga sigʻmay, koʻchaga chiqdi.

Nima uchundir koʻcha gavjum edi.

Asadbek nima uchundir odamlar oqimiga qarshi yurib borardi...

Bu voqeadan bir yil oʻtib, Oʻzbekistonning pokiza osmonida ozodlik bayrogʻi hilpiradi...

Aytar Soʻzimizning Intihosi

Vasl tugab, firoqqa yetishildi.

Uzoq yillar mobaynida behisob satrlar orqali tanishganimiz yaxshi-yomon odamlar bilan xayrlashish fursati yetdi.

Hazrat Navoiy «Munshaot»larida «Mashaqqat esa ibtidosi aning, murod oʻlgʻusi intihosi aning», deb yozmish ekanlar.

Olloh barchalarimizni mashaqqat sahrosidan kechib oʻtib, murodga yetishganlardan qilsin.

Dastlabki satrlarni bitishdan oldin Yaratganga munojot etib, bayonlarimda Haq yoʻldan toydirmasligini tilagan edim, yana iltijo etaman: Yo, Rab, bizlarni, to qiyomatga qadar zurriyodlarimizni ham adashganlardan qilmagin.

Tangri taologa behisob-behisob va yana behisob shukronalarimiz boʻlsinkim, oʻzining madadi ila shuningdek, Siz aziz kitobxonlarning duolari tufayli moʻljalimizdagi yana bir bayon nihoyasiga yetdi. Tangri tilagimizni ravo aylab, ajoyib bir baxt bagʻishladi. Bundayin baxt siz azizlarga, xususan, hamasrlarimizga ham nasib etsin! Endigi tilagimiz: bajargan ishimiz xayrli boʻlgʻay. Omiyn ya Rabbil-olamiyn. Shubhasizki, bu bayonlarda qalamning ojizligi sababli yoʻl qoʻyilgan xatolar ham uchrar. Buning uchun tavbalar qilganimiz barobarinda Siz, azizlardan uzr soʻraymiz.

Yana hazrat Navoiy debdilarkim:

Intihosi ishqning hijron emish, ey ahli ishq,
Vasl davroni aro magʻrur boʻlmang asru ham.

Bizning bayonimizdagi koʻp odamlar dunyo vasliga magʻrur boʻlib, oqibatda alamga bandi boʻldilar. Ular Yaratganning ogohlantirishini eshitmaslik uchun quloqlariga goʻyo qoʻrgʻoshin quydilar. Rahmonning eslatmalarini oʻqimaslik uchun goʻyo koʻzlariga nil tortib, koʻr boʻlib oldilar. Bu dunyoda qul boʻlishga arziydigan matohning oʻzi yoʻqligini fahmlamadilar. Oqibat, Olloh oʻzining va’dasiga koʻra, ularga shaytonlarni hamroh qilib qoʻydi. Shayton ularni toʻgʻri yoʻldan toʻsdi. Qachonki qiyomat chinqirigʻi yangrab, bundaylar Ollohning huzuriga borishgach, afsus chekadilar va umrlari boʻyi jonajon hamroh boʻlgan shayton alayhila’naga qarab «Qani edi, men bilan sening oramizdagi masofa magʻrib va mashriqchalik uzoq boʻlsa. Sen eng yomon hamrohsan»[5], der ekanlar.

Olloh hech qaysimizni — oʻzimizni, zurriyodlarimizni, qavmu qarindoshlarimizni, birodarlarimizni, tanish-bilishlarimizni bundaylardan qilmasin, inshaolloh!

Barcha, barchaga, hatto oʻzimizga dushman deb bilgan kimsalarga ham hidoyat bersin.

Barchaga hidoyat nasib etsa bu dunyo qanchalar goʻzal boʻlar edi, vallohi a’lam!

III- qism
 
Keyingi



  1. Moskovskiy ugolovniy rozisk — jinoyatga doir qidiruv boʻlimi.
  2. Moskvadagi restoran nomi.
  3. Ma’nosi budir: «Biz barchamiz Ollohnikimiz va unga qaytguchimizdir.
  4. «Haj» surasining 11-oyatidan ma’no tarjima. («Tafsiri hilol»-dan)
  5. Zuhruf surasining 39-oyatidan ma’no tarjima.