OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiSoʻnggi oʻq (II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm219KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/22
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soʻnggi oʻq (II- qism)
Tohir Malik

Yerda nima gunoh?

Mayor Solihov Jahongir bilan Yoʻlchivoyni yuzlashtirgach, Yusufxonaga, Siddiq Sharipovning qishlogʻiga borishi kerak edi.

Hushidan ketgan Jahongirni olib chiqishgach, Solihov joyiga oʻtirdi. Kutilmagan bu voqeadan sarosimaga tushgan Yoʻlchivoy umidvor odamning koʻzi bilan mayorga qaradi.
— Dadamni... shu kishi... — dedi biroz duduqlanib. «Oʻldirganmi?» deyishga tili bormadi.
— Yoʻq, bu odam emas.
— Unda nimaga roʻpara qildingiz?
— Demak, shunday qilish lozim edi, — Solihov qoʻpol ohangda gaplashayotganini oʻzim ham sezib, grafindagi suvdan quyib ichdi. — Siz... Qirqbel degan qishloqni eshitganmisiz?
— Yoʻq... — Yoʻlchivoy shunday deb koʻzini olib qochdi.
— Qirqbel otangiz oʻldirilgan Daydidaraga yaqin. Demak, otangizning tanishlari Qirqbelda boʻlishi mumkin, — dedi Solihov undagi oʻzgarishni sezmaganga olib. — Bu yerga kelganlaringdan soʻng hech Yusufxonaga bordinglarmi?
— Dadam rahmatli bordilar.
— Borib kelib nima devdilar? Balki eski tanishlarini uchratganlarini aytgandirlar?
— Esimda yoʻq.
— Bobongiz haqida hech gapirganmilar? Kim boʻlgan bobongiz?
— Bobom... dehqon boʻlganlar.
— Boy dehqonmi, oʻrtaholmi yo kambagʻalmi?
— Buni soʻramaganman. Nimaga meni soʻroq qilyapsiz? Axir jabrni biz koʻrgan boʻlsak, qotilni topish oʻrniga...
— Qotilni topish uchun ham soʻrayapman. Siz koʻp narsani bilmaydiganga oʻxshaysiz yo bilsangiz ham aytgingiz kelmayapti. Men onangiz bilan gaplashishim kerak.
— Mumkin emas, siz nomahramsiz.
— Bu gaplarni qoʻying, yigit, boshqalarga mumkinmasdir, menga mumkin.
— Sizni uyga kiritmayman.
— Uyingizga borish niyatim yoʻq. Hozir borib, onangizni shu yerga olib kelasiz. Yoʻq desangiz, militsioner yuborib oldirib kelaman. Menga shunday huquq berilgan.

Yoʻlchivoy ilojsiz bir ahvolda oʻrnidan turdi. U chiqib ketgach, mayor telefon trubkasini koʻtardi. Solihovga kapitan Ramazonov kerak edi, xayriyat, xonasida ekan.
— Kapitan, bir ishni xom qilibmiz. Menga 1955 yilda Xitoydan oʻtib kelgan Sharipovlarning roʻyxati kerak.
— Siddiq Sharipovga aloqadorlarmi? — deb soʻradi kapitan.
— Yoʻq, umuman Sharipovlarning hammasi kerak. Nazarimda bular boshqa odamning familiyasiga oʻtishgan. Kechgacha aniqlab bering, men ertaga Yusufxonaga borib kelaman.

Solihovga kalavaning uchi koʻrinib qolganday edi. Lekin bu kalava uchi uni qotil tomon boshlamay, boshqa bir sir sandigʻi sari yetaklayotgan edi. «Balki Sharipov chindan Muhammadrizaevning akasidir. Balki boshqa familiyada qaytgandir. Balki yigirma ikkinchi yilda bir jinoyat qilib qochgandir. Xoʻsh, shunday boʻlgan ham deylik. Aka-uka orasidan nima gap oʻtgan? Aka-uka mojarosini uchinchi odam hal qilganmi? Kim u uchinchi odam? Bu savolga Muhammadrizaev javob berishi mumkin. Lekin u aytmaydi. Balki... u uchinchi odamni koʻrmagandir. U kelganda akasi oʻlib yotgandir. Akasini saqlab qololmagani uchun oʻzini-oʻzi la’natlab, ayblab jazo olmoqchidir. Harholda, aka-uka nima uchun aynan Daydidarada uchrashadi?».

Yoʻlchivoy hayallamadi. Solihov bugungi soʻroq natijalarini yozib, rasmiylashtirguncha keldi.
— Onangiz qanilar? — dedi u Yoʻlchivoyning yolgʻiz kirganini koʻrib.
— Shu yerdalar, odamingiz qoʻymayapti, paranjini olasan deydi, — Yoʻlchivoyning gap ohangidan uning qattiq achchiqlangani sezildi.

Solihov navbatchiga qoʻngʻiroq qilib, paranjili ayolni oʻtkazib yuborishni buyurdi. Shundan soʻng Yoʻlchivoy chiqib, onasini boshlab kirdi.
— Xafa boʻlmang, opa, ishimiz shunaqa, — dedi Solihov uzr ohangida, — oʻgʻlingiz koʻp narsani bilmas ekan. Qaytganlaringizdan soʻng Yusufxonaga bordinglarmi?
— Dadasi boruvdilar.
— Siz asli Yusufxonadanmisiz?
— Ha.
— Qarindoshlaringiz yoʻqmi u yerda?
— Yoʻq.
— Qirqbelda-chi?
— Yoʻq.
— Qiziq... Hech kimingiz boʻlmasa ham, yaqinlaringizning qabri bordir. Shuncha yildan keyin ham ziyoratga oʻtmabsiz-da?
— Dadalari borganlar.
— Qaynotangizning kasb-korlari nima edi?
— Dehqon edilar.
— Boymi, oʻrtaholmi, kambagʻalmi?
— Kambagʻal edilar.

«Bu yigit oʻziga pishiqqina ekan, — deb oʻyladi Solihov, — kela-kelguncha onasini savol-javobga tayyorlabdi. Bu ayolning koʻzlarini koʻrsam edim. Agar yolgʻon gapirayotgan boʻlsa, koʻzlari fosh qilib turardi. Bu yigit shuni bilganmi, shuning uchun paranjisini oldirmayaptimi? Men ularni choʻchitib qoʻydim shekilli? Oʻtmishlaridan choʻchishmayaptimi? Bu paranji ayol yuzini emas, sir-asror yuzini toʻsib turibdi».
— Opa, oʻtmishni soʻrayotganimdan choʻchimang. Qaynotangiz boy boʻlganida ham, boringki, bosmachi boʻlganida ham sizlarga zarracha ziyon-zahmat yetmaydi. Men bu gaplarni sizlarni ayblash uchun surishtirayotganim yoʻq. Mening vazifam sizning kechmishlaringizni oʻrganish emas, qotilni topish. Qotillikning bir ildizi oʻsha yillarga borib taqalar balki, deb gumon qilyapmiz. Eringiz bezoriga tasodifan duch kelmagan. U Daydidaraga aldab yoki majburlab olib borilgan.

Ayol xoʻrsindi. Bu xoʻrsinishda paranji ichidagi vujudning qaygʻu-hasratlari zohir boʻldi. Bu qaygʻu-hasrat tilga koʻchadimi, aytiladimi noma’lum. Odamni vujudga yashiringan qaygʻu-hasrat yeydi. Paranji ichidagi ayol bunga yana qancha chidaydi? Koʻrgan-kechirganlarini balki oʻzi bilan olib ketar?
— Opa, ism-nasabingizni ayting.
— Xadicha... Sharipova.
— Sharipov — eringizning familiyasi, otangizning ismi nima?
— Rahmonqul...
— Eringizning aka-ukalari bormidi?
— Yoʻq... — ayolning ovozi titradi.
— Eringiz nimaga oqsardi?
— Tugʻma edi.

Solihov Jahongirning suratini olib Xadichaga uzatdi:
— Bu kishini taniysizmi?

Xadicha jim qoldi. Xoʻrsindi. Soʻng yigʻlamsiragan ovoz bilan:
— Yoʻlchivoy, oʻgʻlim, meni olib ketgin, mazam qochayapti, — dedi.

Solihov savol-javob yozilgan qogʻozga imzo chekdirib oldi-da, ularga ruxsat berdi. «Baribir choʻchishyapti, nimadandir qattiq qoʻrqishyapti. Balki... Uchinchi odamni ular bilishar? Agar Sharipov bilan Muhammadrizaev aka-uka boʻlsa bu ayol bilishi kerak edi. Nima uchun suratdagi qaynisini tanimadi? Yo Muhammadrizaev tanimas darajada oʻzgarib ketganmi?»

Oqshomda xonaga Ramziddin Ramazonov kirib keldi. Qoʻlidagi charm jild orasidan bir varaq qogʻoz olib mayorga uzatdi.
— Sharipov familiyasida toʻrtta oila oʻtgan. Bittasi Siddiq Sharipov. Tugʻilgan yeri Yusufxona qishlogʻi. Ikkinchisi Safarqul Sharipov ham oʻsha yerdan. Hozir shu qishloqda yashaydi. Uchinchi Sharipov Paxtaoboddan, toʻrtinchi Margʻilondan. Siddiq Sharipovni Safarqul bilsa kerak. Ertaga otlanyapsizmi?
— Ha. Sharipovning oʻldirilishi tasodifiy emasligi aniq. Oilasi ham nimanidir yashiryapti.
— Agar zarur ishingiz boʻlmasa, menga ruxsat bering. Komlev bilan uchrashish uchun Samarqandga joʻnashim kerak.
— Komlev? Tirik ekanmi?
— Tirik ekan. Oʻn yetti yil oʻtiribdi.
— Oʻn yetti yil?.. — Solihov oʻrnidan turib, xona boʻylab yurdi. — Oʻgʻri boʻlsa oʻtgan umriga achinmas edim. Lekin olim odam... Oʻn yetti yil ichida qancha ish qilardi, a?

Ramazonov «iloj qancha?» deganday yelka qisib qoʻydi-da, mayordan ijozat olib chiqdi.

Mayor Sanjar Solihov Yusufxona qishlogʻiga peshinga yaqin yetib keldi. Qishloq togʻning kungay tomoniga, shunday beliga joylashgan, pastlikda daryo suvi ayqirib oqadi. Bahaybat chinor poyida qaynab yotgan buloq qishloqning jon tomirlari ulangan yuragiga oʻxshaydi. Yozda gavjum boʻladigan bu joyda hozir odam zoti koʻrinmaydi.

Qishloq soveti raisi mayorning maqsadini bilib xayolga toldi.
— Ikki yilcha boʻldi kelishganiga. Yozda xotin, bola-chaqasini olib, toqqa chiqib ketadi. Qoʻy boqadi. Yomonligini sezmaganman. Oʻzi shu qishloqda tugʻilib oʻsgan ekan. Men yaxshi bilmayman. Ishqilib shpion emasmi?

Solihov raisning shubhasini eshitib kuldi.
— Shpion kelib-kelib sizning qoʻylaringizni boqadimi? Men u kishidan bir gap soʻrayman, xolos.
— Shundan shunga kelgan boʻlsangiz, bu gapingiz anov-manovga oʻxshamaydi. Hech eshak minganmisiz?
— Nima edi?
— Safarqul aka hali yozloqdan qaytmagan. Oʻtoviga boraman, desangiz yayov yetolmaysiz. Bir odam qoʻshib beraman, boshlab boradi.
— Sharipovning yoshligini kim biladi bu qishloqda?
— Soqi bobo bilishi mumkin. Toʻqson yilning u yoq-bu yogʻidagi gapni soʻrayverasiz. Kim qayga borgan, nima degan — xatosiz aytib beradi. Boboning kallasi butun.

Soqi bobonikiga raisning oʻzi boshlab bordi. Mayor ixrab yotgan bir choldir-da, deb oʻylagan edi. Olmazorda ketmon chopayotgan qariyani koʻrib, «toʻqsondan oshgan chol shumi?» degan savol nazari bilan raisga qaradi.

Soqi bobo ularni koʻrib, ketmonni yerga qoʻydi.
— Ha, rais bolam, kel, omonmisan. Ena-otang omonmi? — dedi u xoʻshlashib.
— Bobo, mehmon militsiyadan ekan.
— Melisadanmi? — qariya «ilgari koʻrmaganmanmi?» deganday tikilib qaradi. — Qirq sakkizinchi yildan beri qadam bosmay qoʻyuvdilaring, yoʻq boʻp ketgansanlar, deb oʻylabman. Ma’murni qirq sakkizinchi yilning ramazonida olib ketishuvdi-da. Asirda boʻlgansan, deb otvorganmisanlar, ja daragi yoʻq-ku, boyaqishning.
— Bobo, men u odamni bilmayman. Men boshqa xizmat bilan keldim.
— Xizmatingni qara sening. Tuppa-tuzuk odamni qamaysan, otasan, goʻrga tiqasan... Shuni xizmat deb yuribsanmi?
— Soqi bobo, bu odam unaqa emas, oʻgʻri, kallakesarlarni ushlaydi.
— Bizning qishloqda oʻgʻri yoʻq, bolam, bekor ovora boʻpsan. Yusufxonadan avliyolar oʻtgan. Anavini koʻryapsanmi, hazratim Ali bir ketmon urib olganlar. Keyin buloq boʻyida hordiq chiqarganlar.

Sanjar Solihov chol imo qilib koʻrsatgan tomonga qaradi. Chindan ham togʻning yarmi ketmonda olinganday tikkasiga kesilgan edi.
— Bobo, Safarqul degan choʻponinglar bor ekan. Shu odam yigirmanchi yillarda Qashqarga oʻtib ketgan ekan?
— Safarqulmi? Yigirma toʻrtinchi yilda ketgan. Xomroq chiqdi shu bola. Otasi rahmatli ham boʻsh-bayov edi. Yigirmadan oshgan yigit «Qoʻylarimni haydab oborib bersang, yuz tilla beraman», desa ishonib ketaveradimi? Hemirini ham bermabdi. Musofirlikda xor boʻlib, ana, qaytdi yana.
— Kimning qoʻyini haydab ketgan?
— Oʻrozboyvachchanikini. Safarqulga pul zarur edi. Uylanay desa, bir dona butun noni yoʻq. Xoʻp degan-da boyaqish.
— Safarqul akaning ogʻa-inilari bormidi?
— Bor edi-yu, turmagan. Ogʻa-inilari oʻlib-oʻlib bir oʻzi qolgan edi.
— U yoqdan durustroq boʻlib qaytishgandir. Axir qoʻsha-qoʻsha gilamlar bilan kelishyapti.
— Be, — chol kuldi, — shu Safarqulning peshonasiga buyum bitarkanmi? Podshoga xazinachi boʻlsayam yirtiq chorigʻini sudrab yuraveradi bu.
— Qashqarda orttirgan tanishlari hech yoʻqlab kelishganmi?
— Men koʻrmadim, sen-chi, rais bolam? Koʻrmadingmi? Rais koʻrmagan boʻlsa, men koʻrmagan boʻlsam, kelmagan hisoblanadi-da, bizga ishonaver. Menga qara, buncha surishtirib qolding, Safarqulimiz shpionmasmi mabodo?

Bu gapdan rais kulib yubordi.
— Nega kulasan, nodon! Gaplarini eshityapsanmi buning?
— Shpionmas ekan, bobo, xotirjam boʻling.
— Xotirjam boʻlmay nima, — chol qoʻl siltab qoʻydi. — Bu dunyoning tayini qolmadi. Odam bolasi rizqi bilan birga tugʻiladi. Kindik qoni qaerga tomsa — rizqi oʻsha yerda. Ota yurtida toʻymagan odam musofirlikda toʻyarkanmi! Qorni toʻygani bilan koʻzi ochiq ketadi. Birov seni xafa qilgan boʻlsa yeringni tashlab joʻnaysanmi, nodon! Yerda nima gunoh? Yer seni toʻydirsa, ustingni but qilsa. Ha, yer koʻr qilgurlar-e, qochib ketishdi? Qochib nima baraka topdi? Ana, oʻsha chorigʻini sudrab qaytdi. — Chol Solihovning koʻnglidagi gaplarni aytayotgan edi, shu sababli indamay quloq soldi. — Bir oʻzlari ketishdi, bir qolganlarni quvgʻin qilishdi. Yerning tilini biladigan odam borki, har tomonga sargardon boʻldi. Sen bilib qoʻy, rais bolam, kim yerga mehrini berib ishlasa — boy boʻladi. Qornini silab yotgan odam boy boʻlib qolmaydi. Endi koʻzlaringni och, biz ham ana-mana deb turibmiz, bizdan keyin kim eplaydi bu yerni?
— Xoʻp, bobo, bizga ruxsat bering, boraylik.
— Atay shuni soʻragani keldinglarmi? — chol Solihovga ajablanib qaradi. — Quruq ketmanglar, mehmon qilay.

Ular qariyaga minnatdorchilik bildirib, izlariga qaytishdi. Raisning xonasida choy ichishgach, bir yigitcha ikkita eshakni yetaklab keldi. Yaydoq eshakka oʻzi, toʻqim urilganiga Solihov minib, yoʻlga tushishdi. Solihov bir-ikki eshak mingan, lekin oʻrnashib oʻtirishga hali odatlanmagan edi. Eshak yoʻrgʻalaganda xuddi otilib ketadiganday jilovga yopishardi. Ayniqsa, eshak loyda sirgʻanganida uchib ketay derdi.
— Aka, siz xachir minishingiz kerak ekan, — dedi yoʻl boshlovchi.
— Nega endi? — deb ajablandi Solihov.
— Oyogʻingiz uzun ekan, yerga tegib qolay deyapti, — deb kuldi yigitcha.
— Shunisi durust, yiqilib tushmayman, — dedi Solihov ham kulib.

Quyosh botib, choʻqqilar qovoq uya boshlagan paytda manzilga yetib borishdi. Uncha katta boʻlmagan koʻl boʻyiga uchta oʻtov tikilagan, oʻtovdan sal narida toshdan qoʻton qurilgan edi.
— Safarqul aka! — deb chaqirdi yigitcha oʻtovga yaqinlashgach.
— Baqirma, koʻrib turibman kelayotganingni.

Oʻtovdan oʻrta boʻyli, yuzi yapaloqroq odam chiqdi.
— Bu akam sizga mehmonlar, soʻraydigan gaplari bor ekan, — dedi yigitcha eshakdan tushib.
— Gaplari boʻlsa, bosh ustiga, tun uzun, gaplashaveramiz, — Safarqul shunday deb Solihov bilan soʻrashdi. Sanjar Solihov eshakdan tushganidan keyin yoʻl azobini his qildi. Beli tortishib, oyoqlari oʻziga boʻysunmay qoldi.
— Egamqul!

Oʻtovdan bir qoʻlida obdasta, ikkinchisida sochiq ushlagan oʻn uch yoshlardagi bola chiqib, mehmonlarga salom berdi. Solihov yuvinib olgach, oʻtovga kirishdi.
— Jannatning mana shu boʻlagida bola-chaqa bilan Xudo, deb yotibmiz, — dedi Safarqul, mehmonga loʻlabolish uzatib. — Qornimiz toʻq, qulogʻimiz tinch. Shunisiga shukr. Yana besh kundan keyin qishloqqa qaytamiz. Qishning nafasi kelib qoldi.

Safarqulning Egamquldan kattaroq uch oʻgʻli kirib mehmon bilan soʻrashib, biroz oʻtirib, soʻng chiqib ketishdi. Dastyorlikni Egamqul qildi. To ovqatlanib boʻlishguncha ham Safarqul mehmonning maqsadini soʻramadi. Solihov ham shoshilmadi.
— Xudo toʻrt oʻgʻil berdi menga. Ikkitasini uylantirdim. Qishloqqa qaytsak, Xudo xohlasa uchinchisini uylayman. Xudo bularning rizqini butun qilib berdi, koʻz tegmasin.
— Safarqul aka, aka-ukalar yoʻqmi?
— Yolgʻizman, inim. Suyanadigan togʻim, maslahat beradigan donishmandim yoʻq. Shuning uchun ham sargardon boʻldim. Menga zarur ekanmi musofirlikda xor boʻlib yurish.
— U tomonda nima ish qildingiz?
— Mening hunarim bitta — qoʻy boqaman. Ha, hayron boʻlyapsizmi, u yoqda ham qoʻy boqsangiz, buyoqda ham ahvol shu boʻlsa, nimaga ovora boʻlib kelib yuribsiz, demoqchimisiz? E, inim, siz tushunmaysiz, musofirning dardini anglashingiz qiyin. Otamning arvohini chirqiratib ketuvdim, shu gunoh bilan oʻtamanmi, devdim, yoʻq, Xudo rahm qildi.
— Qashqarda yaqinlaringiz bormidi?
— Kimning qoʻyini boqqan boʻlsam, oʻsha yaqinim edi.
— Savolga tutayotganimdan ajablanmang, men militsiyadanman.
— Sezib turibman. Harholda, meni tomosha qilgani kelmagansiz. Soʻraydiganingizni soʻrayvering. Gunohim boʻlsa olib ketarsiz.
— Sizni olib ketgani kelganim yoʻq, — Solihov shunday deb yon choʻntagidan Jahongir bilan Siddiq Sharipovlarning suratlarini olib, unga uzatdi. — Shu odamlarni taniysizmi?

Safarqul suratlarga bir-bir nazar tashladi.
— Bu Olamgir aka, bunisini tanimayman.
— Yaxshilab qarang-chi, bir-biriga oʻxshamaydimi?

U ikki suratni yonma-yon qoʻyib tikildi.
— Koʻzlari oʻxshab ketadi. Lekin boshqa-boshqa odam ikkisi.
— Demak, bu odamning ismi Olamgir, — dedi Solihov Jahongirning suratini choʻntagiga solib, — qaerdan taniysiz?
— Qashqarda xizmatini qilganman.
— Qoʻyini boqqanmisiz?
— Qoʻyi yoʻq edi unda, uyida qarollik qilganman. Oʻrozboyvachchaning nomardligidan kuyib yurganimda shu odam yoʻliqdi. Boshpana berdi. Buning ham boshiga kulfatlar tushgan ekan.
— Qanaqa kulfat?
— Otasini shoʻrolar otib tashlagan ekan, ukasi yoʻlda qazo qilibdi. Soʻng xotinidan ayrilibdi. Olamgir akaning bagʻri keng edi. Boshqaga uylanmay, ukasining xotiniga oʻylandi. Yoʻlda tugʻilgan bolaga otalik qildi.
— Ukasi nimadan oʻlgan ekan, aytmovdimi?
— Bular koʻchkiga duch kelishgan. Ukasi besh-olti yigit bilan oldinda ketayotgan ekan, gʻaflatda qolgan.
— Ismini aytmaganmi?
— Aytgan boʻlsa ham esimda yoʻq.
— Siz bu odam bilan birga qaytdingizmi?
— Ha.
— Nima uchun ism-nasibini oʻzgartirdi, sizga aytmadimi?
— Aytgan: u qaytish uchun ruxsat ololmay yurgan ekan. «Bu dunyoning qiliqlarini anglash mushkul. Shoʻro hukumati oldida gunohim yoʻq. Shunday boʻlsa ham ehtiyot-shart. Sen bilan aka-ukaday edik, aka-ukaday roʻyxatga tirka, birga ketaylik, yaxshiliging yerda qolmaydi», dedi.
— Sizga nima berdi buning evaziga?
— Gilam bermoqchi edi, olmadim. Oʻzimniki peshonamga bitsin, dedim.
— Olamgir Qirqbeldanmi?
— Ha, oʻsha yerdan.
— U yerda qarindoshlari yoʻqmi?
— Opalarim qolgan, derdi. Yana bilmadim.
— Yusufxonaga hech keldimi?
— Yoʻq, oʻsha xayrlashganimiz boʻyi uchrashmadik.
— Qashqarda biron-bir odam bilan yovlashib qolmaganmidi?
— Buni yaxshi bilmayman. Men ulardan nari edim, kam koʻrishardim. Birov bilan yovlashmagandir. Fe’li torroq edi-yu, ammo qoʻrqoqligi ham bor edi.

Sanjar Solihov Olamgirning suratini olib choʻntagiga soldi.
— Inim, men ham sizdan gap soʻray, ijozatmi?
— Soʻrang.
— Olamgir akani nima uchun surishtirib qoldingiz, tinchlikmi?
— Tinchlik emas-da. Olamgir akangizni oʻldirib ketishibdi.

Safarqul «yanglish eshitmadimmi?» deganday Solihovga qarab qoldi, soʻng pichirlab duo oʻqib, yuziga fotiha tortdi-da, «Qazo oʻzining yerida quvib yetibdi», deb qoʻydi.

Solihovning iltimosi bilan koʻl boʻyiga chiqishdi. Osmon tiniq. Yulduzlar yuzida dudli xira parda yoʻq. Yengil shabadada jimirlayotgan koʻl suvi besh kunlik oy aksini avaylab oʻynaydi. Osmonni zabt etgan yulduzlar, koʻl atrofini sadoqatli soqchilarday oʻrab turgan togʻlar oʻzlari qaror toptirgan sukutdan mast. Oʻziga qandaydir sehrni yashirgan bu sukut Solihovni ham oʻziga boʻysundirgan. Koʻlga tikilib turgan Solihovga shahardagi ola-gʻovur, yugur-yugurlarning bari bekorchi boʻlib tuyuldi. «Tabiat inson bolasiga shunday ajoyibotlarni, sehrli in’omlarini bersa-yu, noshukr odamlar bulardan koʻz yumib mayda-chuyda narsalarni talashsalar, bir-birlarini botqoqqa botirsalar, oyoqdan chalsalar, azoblasalar, oʻldirsalar... Shu yerning norasmiy xoʻjasi mana shu yapaloq yuz choʻponni birov nazarga ilmaydi. Chunki uyida qoʻsha-qoʻsha gilami yoʻq, koʻmib qoʻygan tillayu pullari yoʻq. Buni shaharda odamlarning chaqasiga koʻz tikib oʻtirgan gaz suv sotuvchidan tortib, gerdayib yurgan olimgacha mensimaydi. Balki Safarqulning baxti ham shundadir? Uning uchun eng muhimi — ota yurtida yashash. Bezaklaru buyumlar xayoliga kelmaydi. Mana shu koʻl, mana shu togʻ Safarqulniki. Qishloqqa yoki shaharga borib shunday desam, meni telbaga chiqarishadi. Lekin shu odamdan boshqasi bu yerga kelib turmaydi. Agar yonimda ming tilla boʻlsayu buni Safarqul bilsa, koʻnglida yomonlik uygʻonmaydi. Chunki u haloliga oʻrgangan. Lekin boshqalar bir soʻm uchun odam oʻldirishi, bitta amal kursisi uchun odamni badnom qilib yuborishi mumkin. Nega shunday? Biz kimlarga sigʻinishimiz kerak?..»
— Izgʻirin turdi, sovqotmadingizmi? — dedi Safarqul, uning yoniga kelib.
— Bunaqa ajoyibotni har kuni koʻravermaymiz. Bir koʻzlarim toʻyib olsin, — dedi Solihov.
— Bu ham bir ne’mat. Togʻlar ham, koʻl ham, dovdaraxt, oʻt-oʻlan ham odamga oʻxshaydi. Yaxshi gapirib, boshini silasang, marhamatlarini ayamaydi. Noshukrlik bilan oyoqosti qilsang, gʻazabga keladi. Inson bolasini shu tabiat boqqanidan keyin, tabiat oldida hamisha qulluq qilib turishi kerak, ma’qulmi, inim?

Solihov «toʻgʻri», deb qoʻyib, olimlarning «Yovvoyi tabiatni yengamiz!» degan shiorini esladi. «Kim haq — bu savodsiz choʻponmi yo miyasi bilimga gʻij-gʻij toʻlgan olimmi?» deb oʻyladi.
— Safarqul aka, olimlar tabiatni yengish kerak, deyishyapti.

Safarqul bosh chayqab, koʻl tomon uch-toʻrt qadam qoʻydi.
— Beriroq keling, — dedi Solihovga qarab, — mana shu koʻlni togʻning naryogʻiga oʻtkazib bering yoki hov togʻni yoʻldan oling. Erta-indin qalin qor tushadi, shu qorni yogʻdirmang, biz ovora boʻlib qishloqqa borib yurmaylik.

Solihov choʻponning maqsadini tushunib kulimsiradi.
— Qoʻlingizdan kelmaydimi? — dedi Safarqul istehzo ohangida. — Kelmaydi. Xoʻsh, qanday yengmoqchisiz? Tabiat sizga nima yomonlik qildi? Nimaga yengmoqchisiz?
— Men olimlarning gapini aytdim, Safarqul aka, — dedi mayor aybdor odamning ovozida.
— Olimlaringizga aytib qoʻying, tuzluqqa tupurishmasin, — Safarqul biroz jim qoldi. Soʻng yana tilga kirdi: — Men esimni taniganimdan beri qoʻy boqaman. Ota-bobom ham qoʻy boqqan. Biz tabiatni yengishni oʻylamaganmiz. Bolalarim ham oʻylamaydi. Bu yerlarda yashaydigan odamlardan bunaqa ahmoqona fikr chiqmaydi.

Safarqul boshqa gapirmadi. Solihov ham uni gapga tutmadi.

Tun oʻz hukmida qattiq edi. Yulduzlarning jimirlashi ham, oyning suvdagi aksi ham bu hukmga qat’iy boʻysinar edi. Yuzaki qaralsa, bu tun ham, barglarning bu shiviri ham, chigirtkalarning chirillashi ham odatdagiday, oʻzgarishsiz edi. Tunlar tunlarga oʻxshaydi. Zohiran shunday. Botinan esa, odamning kechagi umri bugungisiga oʻxshamaganiday, tunlar ham tunlardan farq qiladi, faqat biz buni sezmaymiz. Solihov maylini ana shu betakror tun hukmiga berdi.

Ertalab Safarqul ham yoʻl tadorigini koʻrdi.
— Inim, malol kelmasa, meni shaharga ola keting. Olamgir akaning uyini koʻrsatib qoʻysangiz bas. Fotiha oʻqib qaytaman. Harholda, tuzlarini ichganman, eshitib turib bormasam gunoh boʻladi.

Safarqulning bu niyati Solihovga yoqib tushdi. Chunki bu tashrif koʻp sirlar sandigʻini ochishi mumkin edi.

«Aka-uka orasida nima gap oʻtgan? Nima uchun Jahongir xorijga ketmagan? Ulgurmaganmi, qoʻlga tushib qolganmi? Olamgir uning xotinini olib qochganmi? Nima sir bor ularning orasida? Yoʻlchivoy voqeadan bexabardir. Lekin onasi biladi, bila turib nimaga yashiradi? Balki opalari bilishar? Ular tirikmikin?»

Safarqulning izidan borayotgan mayor Solihov ana shu savollarga xayolan javob izlardi.

Solihov Safarqul bilan koʻl boʻyida suhbatlashayotganida kapitan Ramziddin Ramazonov poezd vagonining yuqori oʻrindigʻida chalqancha yotib Samarqanddagi uchrashuvni, suhbatni oʻzicha tahlil qilar edi.

Ular «Abram bulvari» deb nomlangan joyda uchrashdilar. Xiyobonda odam kam. Ahyon-ahyonda qoʻzgʻab qoladigan achchiq shamol xazonlar orasidan birnimani izlaganday titib — toʻzitadi, hech nima topolmagach, tinchiydi.

Boshiga kepka kiyib olgan, qaddi sal bukilgan, biroq gʻayrat tark etmagan Sergey Komlev oʻtirib suhbatlashishga unamadi.
— Azizim, meni afv eting, har bir daqiqam sanoqli mening, — dedi u. — Harholda oʻn yetti yilni boy berdim. Mantiqan olib qarasak, siz bilan gaplashmasligim kerak edi. Chunki oʻn yetti yilning gunohi siz kabi odamlarning boʻynida. Lekin men gina saqlamayman, bu birinchi, siz qamamagansiz — bu ikkinchi, zarur ish bilan atayin kelibsiz — bu uchinchi. Zarur ishingizni ayting.

(Ramazonov Komlevning sof oʻzbek tilida gaplashishidan lol edi. Muhtaram oʻquvchining yodida boʻlsa, Komlev 1922 yilda Jahongir bilan uchrashganida oʻzbekchani buzibroq soʻzlardi. Oradan yillar oʻtib, tarix ilmi bilan shugʻullanish jarayonida u tilni binoyi oʻzlashtirib olgandi).
— Siz Jahongir Muhammadrizaevni bilasizmi?
— Bilaman, u tirikmi?
— Tirik.
— Tirikligi yaxshi, lekin sizning surishtirib qolganingiz chatoq. Nima gap oʻzi? Men uni oxirgi marta oʻttiz yettinchi yilda koʻrganman.
— Sizdan keyin u ham ketgan. Soʻng partizanlar otryadida boʻlgan. Keyin yana... Xullas, hozir qotillikda ayblanyapti. Ochiqrogʻi — oʻzi boʻyniga olib turibdi.

Komlev unga qattiq tikildi.
— Boʻlishi mumkin emas! — u shunday deb qoʻlini orqasiga qildi-da, tez-tez yurib ketdi. Keyin birdan toʻxtab, orqasiga oʻgirildi. — Men ishonmayman! Boʻlishi mumkin emas! Bir odamni shuncha qiynash mumkinmi? Ayting, insof bormi, sizlarda!
— Sergey Vasilevich, axir...
— Jim boʻling, iltimos, jim boʻling. Siz «savolni men beraman», deyishni yaxshi koʻrasiz, ma’zur tuting, azizim, endi savol berish navbati bizga ham yetdi. Shu savolni berish uchun oʻn bir yil u yoqda, olti yil bu yoqda ma’dan qazidim. Balki shu savolni berish uchun oʻlmay qolgandirman: men oʻzimni aytmay, uning aybi nima? Qishlogʻiga birovlar oʻt qoʻydi, jabrini u tortdi. E’tiqodli odam qishlogʻiga oʻt qoʻymaydi, bilib oling. Oʻttiz yettinchi yilda men bilan uchrashgani uchun qamabsizlar. Men Temur davri madaniyatini oʻrganganim uchun xalqqa dushman ekanman. U-chi? U oʻrganishni istamagan edi. Jahongir balki katta olim boʻlardi. Lekin uning hayotda boshqa bir maqsadi bor edi, afsuski, bu maqsadni birovga aytmasdi. U shu maqsadining qurboni boʻldimi yo yoʻl topolmay gangib jarga quladimi? Jar yoqasiga oʻzi bordimi yo sizlar majburladinglarmi?
— Sergey Vasilevich, u gaplarni menga aytganingiz chakki. Men toʻrt yil urushda jang qildim, endi jinoyat qidiruv boʻlimidaman. Ahvolingizni tushunib turibman.
— Ahvolimga tushunib boʻpsiz! Sizni ayblamayman! Ammo hamkasblaringizda vijdon yoʻq. Birontasi chiqib, tavba qildimi? Mayli, bizga tavba qilishmasin, marhumlar xotirasi oldida tavba qilishsa boʻlardi. Ha, mayli, qoʻying ularni. Mendan nimani istaysiz?
— Yigirma ikkinchi yilda birga oʻgirganlaringda kimdandir oʻch olishi lozimligini gapirganmi?
— U yerlarda, azizim, oʻch olish haqida emas, tirik qolish haqida gap borardi.
— Akasi haqida gapirmaganmi?
— Akasi?.. Nazarimda hech kimi yoʻq edi uning. Ha... opalari boʻlgan. Quloq qilingan ekan. Izlab topolmabdi. Oʻttiz yettida uchrashganimizda shundan afsusda edi.
— Peshonasidagi yozuvdan xabaringiz bordir?
— Ha, «alqasosu minal haq». Bu «qasos olaman» degani emas, «Qasos Haqdandir» degani. Ya’ni, boshiga bu kunlarni solganlardan Xudoning oʻzi qasos oladi, demak. Nima, siz yigirma ikkinchi yildagi alam uchun endi oʻch oldi, deyapsizmi?
— Boʻlishi mumkin emasmi? Pushkinni eslang: soʻnggi oʻqni otish uchun necha yil payt poyladi?
— O, Pushkinni ham bilasizmi? Azizim, Pushkin bu asarni sizlarga qoʻllanma sifatida yozmagan. U san’at asari! Unda tirik odamlar, ularning ruhiyati bor. Sizlar uchun ruhiyat sariq chaqa-ku? Sizlarga dali kerak, guvoh kerak. Uchtagina guvoh...
— Shaxsan men uchun sariq chaqa emas. Qotilning ruhiyatini bilolmasam, jinoyat ildizini ocholmayman. Siz ham bizning ruhiyatimiz bilan hisoblashmayapsiz. Xato qilindi, tan olindi. Lekin jinoyatlar davom etyapti, odamlar oʻldirilyapti. Demak, jamiyat bizning xizmatimizga muhtoj.
— Shundaymi? Lekin, azizim, bu xizmatlaringiz idorangiz gunohlarini yuvib ketolmaydi. Yuz yildan keyin ham bu malomatdan qutulolmaysiz.

Ramazonov Komlevga e’tiroz bildira olmadi. «Chindan ham shunday, — deb oʻyladi u, — igna bilan topgan-tutgan obroʻ panshaxa bilan sovurildi. Yana igna bilan obroʻ toʻplash mumkin boʻlarmikin?»
— Sergey Vasilevich, men siz bilan bahslashgani kelmovdim, — dedi kapitan gapni burishga majbur boʻlib.
— Ha, ha, tushunaman. Men savollarga javob berdim shekilli?
— Siz Muhammadrizaev bilan uchrashishni istamaysizmi?

Bu taklifni Komlev kutmagan edi. Shu sababli darrov javob bermadi.
— Ochigʻini aytsam, Muhammadrizaevning qotillikni boʻyniga olishi bizda gumon uygʻotgan. Jinoyat ildizi boshqa yoqda boʻlishi kerak.
— Hozir qamoqda oʻtiribdimi u?
— Hozir... shifoxonada.
— Yaxshi, boraman. Lekin sizga yordam berish uchun emas. Jahongir uchun boraman. Ertaga ilmiy kengashim bor. Raqiblarimni yanchib, keyin boraman.
— Raqiblaringiz ham bormi? — dedi Ramazonov hazil ohangida.
— O, siz nima deb oʻylovdingiz, — dedi Komlev bu nimhazilni tushunmay. — Bizni sud oqladi, lekin hamkasblarimiz oqlagani yoʻq. Oʻttiz yettinchi yilda ilmiy ishimga qarshi turganlar hali ham qarshi. Olam oʻzgarib ketdi, lekin ularning dunyoqarashi oʻzgarmagan. Oʻzbeklarga hayronman, Men rusman, oʻzbelarga qarab: «Tarixlaring boy», desam ular «Bizga bunday tarix kerakmas», deyishadi. Siz shirin palov pishirib qoʻshnilarga ulashsangiz-u, oʻzingiz och oʻtirsangiz, shunaqasi boʻladimi? Boʻlar ekan. Oʻzbekning madaniyat tarixidan butun dunyo bahramand, oʻzi esa koʻzlarini yumib, quloqlarini berkitib olgan. Koʻzni ochishga qoʻymaydilar. Ertaga ular bilan olishaman. Umr soʻqmogʻini kurash va alam shamollari supuradi. Undan kechib boʻlmaydi.

Ramziddin Ramazonov bu harakatchan odam bilan uzoq suhbat qurgisi kelgan edi, ammo Komlev gapni kalta qildi. Soatiga qarab oldiyu xayrlashib, shoshilganicha ketdi.

Vagonning yuqori oʻrindigʻida chalqancha yotgan Ramazonov shu suhbatni eslab, bu odamning donoligiyu irodasiga tan berdi.

Mayor Solihov Yusufxonadan, kapitan Ramazonov Samarqanddan yaxshi kayfiyat bilan qaytdilar. Ular bu uchrashuvga qadar zimistonda sham koʻtarib, igna qidirayotgan odam holida edilar. Zimiston sham yorugʻligini yutaman, deydi. Atrofdagi odamlar esa, «igna u yerdamas, bu yerda», deb chalgʻitadilar. Bunaqada ignani topishdan butkul umid uzib qoʻyish mumkin edi. Shunday xulosa sari burilishda ular qoʻlidagi sham yaxshiroq yoritganday boʻldi.

Sahrodagi yaxshi odat

Jahongirni shifoxonada Shoqol bilan qoldirgan edik. Uning ahvoli nechuk ekan? Devorlariga qadar dori hidi unniqib ketgan bu tor xonada xayoliga nelar keldi?

Poyoni osmonga tutash sahro. Sahroda birgina tirik zot. U — Jahongir. Qumning otashi oyogʻini kuydiradi. Osmonning qoq oʻrtasida ilinib olgan quyosh unga qasd qilgan: olovli nafasi bilan kuydirib tashlamoqchi. Tomoqlari qurigan. Oyoqda majol yoʻq. Ammo soʻnggi kuchini toʻplab olgʻa yuradi. Yana bir barxan, balki ikki barxanni oshib oʻtgach, jonga rohat beruvchi buloqqa yetadi. Buloq atrofi daraxtzor, xuddi Qirqbelga oʻxshadi. Qoʻngʻiroqlarini jaranglatib karvon oʻtadi.

«Hoy, yoʻlovchi, yur, biz bilan, joningni qiynama», deydi karvonboshi.

«Mening manzilim boshqa», deydi Jahongir.

«Nima sen Majnunmisan, Laylining hajrida oʻrtanyapsanmi? Muhabbat seni shu koʻyga soldimi?» deydi karvonboshi.

«Toʻgʻri topdingiz, Men Majnunman, maqsadim majnuniman. Men muhabbatga begonaman. Manzilimga muhabbat bilan borib boʻlmaydi».

Karvon ketadi. Boshqasi keladi, yana ketadi. Nihoyat, ikki barxanni oshib oʻtadi. Ana — buloq! Ana — jon rohati! Lekin... suv yoʻq-ku?

«Sen kechikding. Birov ichib qoʻydi».

Bu — otasining ovozi.

«Ota, qaerdasiz?»

«Suvingni birov ichib qoʻydi, kechikding».

«Otajon, qaerdasiz?»

«Kechikding, bolam».

«Ota!»

Javob yoʻq. Buloq ham yoʻq, daraxtlar ham... Sahro... Yolgʻiz oʻzi turibdi. Qoʻngʻirogʻi jiringlagan karvon ham yoʻq... Osmonga ilinib turgan quyosh yamlamay yutaman, deydi.

Jahongirning nafasi qaytib, uygʻondi. Shoqol yondagi karavotda chordana qurib olgan, xuddi afsungarday unga tikilib oʻtiribdi.
— Otangizni sogʻinibsiz, paxan, rosa chaqirdingiz. Odamga uyqu bermas ekansiz. Men-ku, kechasi uxlamayman. Olim bolani qiynavordingiz.
— Oʻzi qani?
— Gum boʻldi. Tuzalibdi. Endi onasini koʻradi. Ikkalamiz qoldik, paxan. Menam chiqib ketaman bu yerdan. Aniq bilaman, uch yildan ortiq berishmaydi menga. Chiqqanimdan keyin bir ishga shoʻngʻiymanu mol-dunyo yigʻib olaman.
— Mol-dunyo shu paytgacha birovga vafo qilgan emas.
— Menga vafo qiladi, hammasini oʻylab qoʻyganman.
— Mol-dunyo desangiz yakka-moxov boʻlib qolasiz. Bir boy xastalanib yotsa ham uni yoʻqlovchi topilmabdi. Buning sababini donishmanddan soʻrasa u: «Odamlar sizdan qarzdor, shunga uyalib kelishmayapti», debdi. Shunda boy «Odamlardan ajratib qoʻygan mol-dunyoga la’natlar boʻlsin», degan ekan.
— Bu oʻtgan zamonning gapi, paxan. Hozir doʻsting qancha kam boʻlsa, shuncha yaxshi — tinch yashaysan. Sotadiganlar kam boʻladi.
— Shoqolning «sotadiganlar kam boʻladi», degan gapi 1933 yilni, Qirqbelni, uyiga xoʻjayinlik, qilib turgan Sotvoldini, «Sotti xat yubordi», deb rangi oʻchib turgan Daminni Jahongirning yodiga soldi.
— Mudarris Jahongirning tez qaytishidan ajablandi. Bunaqa paytda ayrim odamlar «nima balo uyingdan ilon chiqdimi», deyishadi. Jahongir mudarrisdan shunga oʻxshash savol kutgan edi. Boshqacha sharoit boʻlganida balki mudarris — Nizom qorovul shu qabilda hazilnamo gap qilishi mumkin edi. Biroq, boshpanasi yoʻq odamga shunday deyish mehmon tashrifini malol olganday tuyulardi. Nizom qorovul «Eson-omon borib keldingizmi, boʻtam», deb gapni qisqa qildi. Hammasini Jahongirning oʻzi aytib berdi: uyidan «ilon chiqqanini» ham, opalarining quloq qilinganini ham, Sottining rayonga tushirgan xatini ham aytdi.

Lipillab yonayotgan qora chiroq hujrani arang yoritardi. Jahongirning zimiston yuragiga hozir minglab chiroq yoqilsa ham yoritolmagan boʻlardi. Alamga chulgʻangan bu zimiston yurakka faqat dono maslahatgina nur berishi mumkin, mudarris esa bu nurni baxsh etishga shoshilmas edi. U chiroqning eshilib toʻlgʻonayotgan oʻtli tiliga ancha fursat tikilib oʻtirdi.
— Yonib turgan sham tepasidagi shiftdan, yonidagi devorlardan nafratlanibdi, — dedi u oʻychan ohangda. — Bular mening yoʻlimni toʻsyapti, mavjimni pasaytiryapti deb gʻazabga minibdi. Avval shiftni, keyin devorni mahv etishga qasd qilibdi. Bu bilan oʻz oʻlimini chaqiribdi. U nodon bilmabdiki, bu shift, bu devorlar uni oʻchirib qoʻyishi mumkin boʻlgan shamoldan asraydi. — Mudarris shunday deb yana sukut saqladi. Keyin yengil xoʻrsinib, qissadan hissa yasadi: — Ne falokatki, zamonda nodon shamlar koʻpaydi. Nodonliklari tufayli oʻzlarigina oʻchsalar mayliga edi, qancha umr oʻtini ham oʻchirdilar. Boʻtam, meni aybga buyurmang, sizga qanoat tilashdan oʻzga choram yoʻq. Bu kunda toptalgan koʻkatning ohli qoʻshigʻini tinglovchi yurakni qaydan topamiz? Mening zaif ongim sizning qorongʻi yoʻlingizni yoritishga ojiz. Men oʻzimni Ollohning ixtiyoriga berib, bu dunyo gʻamlaridan xoli boʻlishni niyat qilganman. Xohish bildirsangiz, men bilan birga yashang.
— Taqsirim, shu soʻzlaringizni oʻziyoq men uchun bir dunyo, Xudo umringizni ziyoda qilsin. Men bunda oʻtira olmayman. Opalarimni izlab topay, holidan xabar olay.
— U holda men sizni yolgʻizlatmay. Shoʻro idoralarida xizmatda turgan talabalarim bor, ular opalaringizning qaydaligini soʻrab-surishtirib berishadi.
— Malol kelmasa, shaharning nomdor zargarlaridan bir-ikkitasini ham bilib bering.

Muxtasar kengash shu bilan yakunlanib, ustoz-shogird Ollohning marhamatlari, karomatlari, moʻ’jizalaridan suhbatlashib oʻtirishdi.

Bir hafta umidli xabarni kutish bilan oʻtdi. Bu vaqtda Jahongir ikki zargarga uchradi, ishi yurishmadi. Ular peshonasida gʻalati yozuvi bor bu odamning taklifini eshitishni ham istashmadi. Uchinchi zargar qirqbellik Muhammadrizo nomini eshitgan ekanmi, bir kunlik mulohazadan soʻng Jahongirning mushkulini oson qildi. Jahongir qoʻliga pul tekkan kuniyoq jallobdan bir qoʻy olib, madrasa hovlisida soʻydi. Goʻsht-yogʻni boʻlib, mudarrisga berdi. U atrofdagi xonadonlarga tarqatib chiqdi. Oʻzlariga tekkan bir boʻlak goʻsht bahonasida shu kun qora qozon qaynadi.

Shoʻro idoralarida ishlayotganlar mudarrislarining iltimosini yerda qoldirishmadi. Oʻn ikki kun deganda Jahongirning qoʻliga bir parcha qogʻoz tegdi. Undagi xabarga qaraganda katta opasining oilasi Rostov tomonlarda, kichik opasi esa Bryansk yoqlarda panoh topgan edi.

Jahongir xabarnomani olgan kuniyoq yoʻlga otlandi. Mudarris — Nizom qorovulning xayrlashuv chogʻi unga aytgan gapi qisqa boʻldi:
— Yaxshi-yomon gaplarimga rizo boʻling, boʻtam...

Odam yolgʻizlikni ixtiyor qilgani bilan olam aro yakka yashay olmaydi. Bugun koʻziga yomon koʻringanlar vaqt oʻtishi bilan avliyo tuyulib, ularga intiladi. Jahongir sovuq tutqunlikda yurganida «opalarim boshiga shunday kunlar tushar, men oʻz uyimdan quvilarman, deb oʻylamagan edi. Nazarida uning ikki yoʻli bor edi: biri — qishloqda yashab, akasining qaytishini kutish. Bu qozonga tosh tashlab, osh pishishini kutishdek bir gap ekanini u anglardi. Akasi tirikmi, omonlik bilan u yoqqa oʻtib ketganmi, esonlik bilan qaytadimi, qaytishni istaydimi, yoʻqmi — Yaratgangina biladi. Jahongirga ma’lumi shuki, yuragi: kut, keladi, boshqa chorasi yoʻq, ota yerning ohanrabosi tortadi, dedi. Ikkinchi yoʻli — akasining izidan togʻ oshib borish, uni topish va oʻsha yerda otasning xunini olish... Jahongir uchinchi yoʻl ham mavjud boʻlishi mumkinligini oʻylamagan edi. Hozir-ku, uchinchi yoʻlga qarab ketyapti. Hali peshonasida yana qancha yoʻl bor — kim biladi? Bu dunyoda umr koʻrish sayd izidan quvib yurgan sayyod hayoti kabi kechsa-chi?

Rostovning choʻlida katta opasining izini topmadi. Biroz qoʻpol, koʻzlari qirgʻiydek boquvchi kazaklar uning iltimoslariga qoʻl siltab qoʻya qolishardi. Sakkiz kun qishloqma-qishloq kezib madori quridi. Bu tomonlarda ochlik arvohining soyasi uncha sezilmas edi, biroq begonaning bir burda non olishi ham amri-mahol edi. Jahongirning soʻnggi ilinji — bir necha xonadonlik xutor — qamish tomli pastak uylarning etagidagi yertoʻlada yashovchilarda edi. Kazaklarning aytishicha, u yerda oʻzbeklar yashardi. Jahongir boshqa qishloqlarda uch oʻzbek oilasini koʻrdi, lekin ular qirqbelliklarni uchratishmagan, eshitishmagan edi. Soʻnggi oila qozoqlar boʻlib chiqdi. Uy egasi, keng yelkali baquvvat qozoq Jahongirning sarguzashtlarini indamay eshitdi.
— Shu yerga yuborishgani aniqmi? — dedi u Jahongir hikoyasini tugatgach.
— Ishonchli odamlar ma’lumot bergan.
— Unda bovurlaringdan umidingni uz. Ular yoʻlda nobud boʻlib ketishgan. Moliga qoʻshib jonini ham olishgan.

Jahongir qozoqning shu xulosasi bilan yana qishloqma-qishloq yurib Rostovga qaytdi-da, poezdga oʻtirib Bryansk tomon yoʻl oldi.

Kichik opasidan xabar topishda uncha qiynalmadi. Choʻl azoblari bu yerda yoʻq edi. Uch kun deganda opasining daragi chiqdi. Oʻrmon etagida joylashgan yogʻoch uylarning birida yigirma besh-oʻttiz yoshlardagi oʻzbek juvonni koʻrib xuddi opasini uchratganday quvondi. Biroq, bu xursandchiligi bulut chokini soʻkib bir yuz koʻrsatgan quyosh kabi omonat edi.
— Oʻtgan bahorda kulfat tushdi boshlariga... kichik oʻgʻillari oʻrmonga oʻynab ketgan ekan. Opangiz, qizlari, pochchangiz izlab kirib qaytib chiqishmadi. Bu yerliklar botqoq yutgan, deyishyapti... Katta oʻgʻillari raisnikiga ketgan ekan... oʻsha voqeadan boʻsh-oʻn kun oʻtib, mening oldimga keldilar. «Otvorishsa ham uyimga ketaman», deb joʻnadilar... — juvon bu kulfatlarga oʻzi aybdorday zoʻr-bazoʻr gapirib, koʻziga yosh oldi.

Jahongir yigʻlab yubormaslik uchun koʻzini undan olib qochdi. Bostirib kelayotgan qora bulutday turgan oʻrmon «yaqinlashgan inson zotini yamlamay yutaman», deyayotganday edi.

Jahongir «dunyoning barcha sitamlari, kulfatlari mening boshimga yogʻilgan», deb oʻylardi. Uy egasi — pahmoq soqolli chol kelgach, fikri oʻzgardi. Kulfatu sitamlar boshqalarga ham buyurgan ekan.

Chol Jahongirning kimligini bilgach, oʻzini tanishtirdi:
— Andrey Grigorevich, — dedi u qoʻl uzatib, — odamlar Grigorich deyishadi, sen ham shunday deyaver. Qarindoshlaringni tanirdim, joylari jannatda boʻlsin, — u shunday deb tokcha pardasini surib uzun boʻyli shisha oldi. — Oʻtir, ularning ruhini eslaylik, — u boʻzani eslatuvchi qoʻlbola aroqni ikki krujkaga quyib, birini Jahongirga uzatdi. — Darvoqe, sen ichmasang kerak, a? Mayli, oʻzing bilasan, — Grigorich bir nima deb pichirlab choʻqindi-da, krujkadagini ichib yuborib, kaftini dimogʻiga tutdi. — Qarindoshlaringning baxti yoʻq ekan. Olyaning ham baxti qaro ekan. Buning eri oʻtgan yozda ayiqqa duch kepti. Ikkita bolasi bilan oʻtiribdi endi. Qayoqqa boradi? Bu yerdan chiqish mumkinmas...

Jahongir Olya kim ekan, deb taajjublangan edi, keyingi gapdan soʻng oʻzbek juvonga qaradi. U labini qimtib, boshini egib oʻtirardi. Ichkarida goʻdak yigʻisi kelib, u irgʻib oʻrnidan turdi.
— Olya deganingiz... — deb tusmolladi Jahongir.
— Ha, Olya deganim shu qizim, oʻzining oti... — chol eslashga urindi. — Kizimka, otingni yana esimdan chiqardim?

Ichkaridan «Oynisa» degan zaif, titroq ovoz keldi.
— Shu uyda kampirim bilan turaman. Qarishdoshlaring daraxt kesib, yarim yertoʻla qurib olishgan edi. Olyaning eri ham boshpana quruvdi. U ayiqqa yem boʻlganidan keyin Olyani uyimizga oldik. Bizga ham ovunchoq, ham xizmatimizni qiladi. Bularni boylar deb olib kelishgan edi, boy qiziga oʻxshamaydi. Mehnatdan qochmaydi, — chol ikkinchi krujkadagini bu safar choʻqinmay ichib yubordi. — Bizning qishloqdan ham uchta oilani quloq qilishgan. Ikkitasi oʻzimizga oʻxshagan odamlar edi. Solomonich deganimiz yerga kaftini qoʻyib don ekish mumkinmi-yoʻqmi, aytib berardi. Hamma bilan baravar mehnat qilib, hammadan koʻp hosil olardi. Aybi shu boʻldiki, kolxozga kirmadi. Endi sen menga ayt, peshonangdagi yozuvga qaraganda koʻpni koʻrganga oʻxshaysan: men imperator a’lo hazratlari davrini ham koʻrdim, Kerenskiy, Lenin davrini ham koʻrdim, lekin baribir tushunmayapman. Imperator Nikolay a’lo hazratlari siyosatchilarni surgun qilardi. Hozirgilaring dehqonlarni surgun qilyapti. Siyosatchi gap sotadi, gʻalva koʻtaradi, surgun qilsa-qilaversin. Dehqon shoʻrlik ularni boqsa, kiyintirsa surgun qilgani nimasi?! Odamlarni qiynashdan maqsadlari nima?

Jahongirning bunday suhbatga hozir xohishi ham, holi ham yoʻq edi. Bolasining yigʻisi bahona boʻlib, Oynisa kirib ketdi. Jahongirga ham bir bahona boʻlsa-yu, tashqariga chiqsa, yolgʻiz qolsa... Lekin buning iloji yoʻq. Chol savolni berib qoʻyib, javob kutyapti.
— Buni oʻzlaridan soʻrash kerak, men bilmayman.

Chol tabiatan ezma edimi yo badani qizib sergapligi tutdimi, harholda Jahongirni bezor qildi. Kampiri kelib cholga dashnom bermaganida tong otguncha gapirishi mumkin edi.

Jahongirdan «pichanxonada yotasizmi?» deb soʻrashganida u opasi yashagan uyni koʻrsatishni soʻradi.

Yerdan odam boʻyi barobar koʻtarilib turgan ikkita darchali yarim yertoʻla uy qishloq chetida edi. Darchaga ham, eshikka ham taxta qoqib tashlangan ekan. Grigorich taxtalarni sugʻurib, ichkariga kirdi-da, sham yoqdi. Zax yertoʻlada shamning ham nafasi qaytganday olovli tili jonsiz lipilladi.
— Pichanxonada yotganing ma’qul, bu yerning havosi yaramaydi, — dedi chol. — Men ham yoz boʻldi, deguncha pichanxonaga chiqib olaman, qishda pech ustida rohat qilaman, yur.

Jahongir qaysarlik qilmay unga ergashdi.

Pichanxona degani — hovli etagidagi pichan gʻarami edi. Chol gʻaramga qoʻyilgan narvondan tepaga chiqib, oʻrnashib yotib oldi. Jahongir uning yoniga choʻzildi. Chol koʻp gapirmay, uyquga ketdi. Jahongirning uyqusi kelmadi. Osmonni qoplab olgan yulduzlarga tikilib yotdi.

Osmon xastaning koʻziga xasta, baxtiyorning koʻziga goʻzal koʻrinadi. Odam xushhol paytida yulduzlar jimiri unga baxt yogʻdirayotganday boʻladi. Sevishganlarga koʻz qisayotganday, imlayotganday tuyuladi. Gʻamnok odam osmonning bu sehrini his etmaydi. Jahongir osmonga tikilib uning sehrini ilgʻamadi. Nazarida osmon unga ming-ming koʻzlarini tikib hayron-lol turardi. Sovuq oʻlkada yulduzlar unga titrab-qaqshayotganday tuyulardi. Hozir koʻzlari yulduzlarda, xayoli esa kechmishda edi. Toʻy... kirib kelgan kuyovnavkarlar, hovli oʻrtasidagi gulxan, otasi bilan yigʻlab xayrlashayotgan opalari... Otasining duosi... «Ilohim baxtli boʻlinglar, uvali-juvali boʻlinglar...» Baxtli edilar, uvali-juvali edilar... Duoning kuchi qirqildimi, baxtsizlik darvozalari lang ochildimi? Qamoqqa olib ketishayotgandagi opalarining faryodlari osmon qa’ridan yulqinib chiqib, uning qulogʻiga urildi... «Eson-omon diydor koʻrishaylik, ukajon!»

Onalari boshqa edi. Ammo opalari onaday mehribon edilar. Jahongirni bu yerlarga ana shu mehr tortib kelgandi. Odamning xotirasida koʻproq soʻnggi uchrashuv, soʻnggi eshitilgan soʻzlar qoladi. Hozir Jahongirning quloqlari ostida faqat bir nola jaranglaydi: «Eson-omon diydor koʻrishaylik, ukajon!» Diydor... endi qiyomatga qoldi...

Bir necha boʻxcha ortilgan aravalar, poezdlar... Yana aravalar... Biri choʻl qoʻyniga qarab oqadi. Biri oʻrmonga... Qayoqqa, qanday odamlar huzuriga borayotganini, qaysi gunohlari uchun quvgʻin boʻlganlari, endi boshlariga ne kunlar tushishini bilmagan bechoralar... Bir arava talon-taroj qilindi. Kuraklarga pichoqlar sanchildi, boʻgʻizlandi. Murdalar quzgʻunlar, qashqirlarga tashlab ketildi...

Bu manzara koʻz oldiga kelib. Jahongirning yuragidan bir tomir uzilganday boʻldi.

Botqoq yutayotgan jiyanlari, opasi, pochchasi koʻz oldiga kelganda goʻyo ikkinchi tomir uzildi.

Ota-onasi, ukalaridan ajralib, bu yerlardan bosh olib ketgan jiyani unga yigirma ikkinchi yilni, bekatdagi xarob bolalarni, yigʻlagan Komlevni eslatdi. Shunda yuragida yana bir tomir uzildi.

Odam boshiga shunday kulfatlar, ayriliqlar tushsa, chidamay oʻlib qolsa kerak, deb oʻylaysiz. Kulfatlar yonida umid turmaganida balki shunday boʻlardi. Har kimni har xil umid ushlab qoladi, uzilgan tomirlarni ulaydi, oʻlgan tanaga jon qaytaradi. «Dunyoning menga atalgan gʻam-kulfati ado boʻldi, endi alamlar yiroqlashdi», deb oʻylaydi. Jahongirning nazarida ham shunday edi. «Yaratgan bandasiga bundan ortiq jabr-jafoni ravo koʻrmas», deb fikrlardi.

Bu tun Belorusiyaning ovloq bir qishlogʻida yana bir odam uygʻoq edi. U — Oynisa. Oloviddin boy xorijga oʻtib ketayotganida marhamat qilib, qaroli Yigitaliga halol mehnati uchun bir oriq sigirni in’om qilgan edi. Oynisaning oʻshandagi barcha duosi boyga atalgan edi. Qishloqdan quvilganidan beri uni qargʻaydi. Boy sigir emas, balo tashlab ketgan ekan. Oʻsha «qorning yorilgur» sigirni in’om etmaganida, unga yaxshi qarashmaganida, «tugʻmay oʻlgur, tugʻib bermaganida», mol-hollari koʻpaymaganida, Yigitali jonini jabborga berib ishlamaganida bu koʻrguliklar yoʻq edi.

Erkakning qaygʻusi bilan ayolniki bir-biriga oʻxshamaydi. Pichan ustida yotgan Jahongir opalari qaygʻusida ezilib, Oynisa haqida ham oʻylardi. Eri ayiqqa yem boʻlgan, jasadni emas, burda-burda kiyimlarni yerga koʻmgan bu ayol unga Xadichani eslatadi. Oynisa eriga aza ochib, koʻzi yoridi. Xadicha-chi? Uning ahvoli nechuk? Koʻzi yoridimi? Oʻgʻil koʻrdimi? Qizmi? Oynisa begona yurtda, begona uyda bolasini bagʻriga bosib yotibdi. Xadicha ham begona yurtda, begona uyda... Oynisa yolgʻiz. Xadichasi akasining panohida. Oynisa bu yerlardan qachon qaytishini bilmaydi, ruxsat soʻrab qilgan arzlari rad etildi. Jahongir Xadichani qachon qaytib kelishini bilmaydi.

Oynisaga Jahongirning qismati qorongʻi. Opalaridan ayrilgan bir alamzada ekanigina ma’lum. U Jahongirning kelishidan xursand — har-holda yurtining tirik bir parchasi. Erta-indin u ham ketadi. U yana yolgʻiz qoladi...

Tongga yaqin Jahongirning koʻzi ilingan ekan, bolaning jarangdor ovozi qulogʻiga chalinib uygʻondi, ammo darrov koʻzini ochmadi.
— Aya, dadam keldilarmi?
— Yoʻq, bolam, dadang emaslar, oʻrtogʻing Nurulloning togʻalari.

Jahongir tushlariga kiradigan doʻmboq bolachaning, Xadichaning ovozini eshitganday yuragi entikdi. Koʻzini ochdi. Qaddini koʻtarib, pastga qaradi. Oynisa besh yashar bolasining qaddini bukib, yuzini yuvar edi. Jahongirning nigohini sezib, Oynisa ham yuqoriga qarab oldi.

Nonushtadan soʻng Jahongir opasining uyiga qarab ketdi. Buyumlarga birov qoʻl ham urmaganga oʻxshaydi. Kiyimlar ham taxlanganicha turibdi. Opasining kamzuli, pochchasining toʻni... Paranji ham... Opasi shu yerga ham koʻtarib kelibdi-da, paranjisini... Kamzuldan opasining, jiyanlarining hidi keladi. Jiyanlarini suyib erkalaganday kamzulni siladi. Kenja jiyanini koʻrmagan edi. U shu kamzulga yuzini qoʻyib erkalangan... Jahongir kamzulni silayotib seskanib ketdi: kamzul qatida qattiq narsalar bor edi. Paypaslab koʻrdi — tangalarga oʻxshaydi. «Rahmatli otasi oʻz ulushidan qizlariga ham bergan ekan-da...» Jahongir oʻgʻrilik ustida qoʻlga tushganday, nazarida bu uyga atayin shuni izlab kirganday uyaldi. Opasi darchadan «shuni deb kelgan ekansan-da», deb qaraganday boʻldi.

Eshik oldida sharpa sezilib, Jahongir choʻchib qaradi.
— Narsalari bus-butun, oʻzim yigʻishtirib qoʻyganman, — dedi Oynisa aybdor ohangda.

«Bilganmikin? — deb oʻyladi Jahongir, keyin darhol oʻziga-oʻzi javob berdi, — bilgan...»
— Qora kunlarga yarar deb olvolgan ekanlar, oʻzlariga buyurmabdi, — dedi Jahongir kamzulga imo qilib. — Bularni... siz oling.
— Yoʻq olmayman. Oʻzlariga buyurmagan, menga buyurarmidi. Hazar qilyapti deb oʻylamang, birovning haqidan qoʻrqaman.

Oynisa shunday deb iziga qaytdi. Biroz turib, Jahongir ham uydan chiqdi. Chol pichan gʻarami oldida chalgʻi charxlar edi.
— Djaxanir, — dedi u, — otingni aytish qiyin ekan, osongina Jenya desam xafa boʻlmaysanmi? Jenya, qachon qaytmoqchisan?

Jahongir bu yerlarning odatini, mehmonga shunday savol berilishi mumkinligini bilmas edi. Bu savolni eshitib, «hozir ketishim kerakmi?» deb oʻylab, yelka qisdi.
— Uch-toʻrt kun tur, — dedi chol, — qarindoshlaringning ruhi shod boʻladi. Shu bahonada menga qarashib yuborasan. Toʻngʻichim germanlar bilan urushda nom-nishonsiz ketdi, kichigini oqlarmi, qizillarmi, bilmayman, chopib tashlashgan. Shundan beri yolgʻizman, suyanadigan togʻim yoʻq. Xoʻp, desang yur, chalgʻi tortishni bilsang, oʻt oʻrishvorasan.

Chol shunday deb charxlab turgan chalgʻini Jahongirga uzatdi. Oʻzi pichanga sanchib qoʻyilganini oldi-da, oʻrmon tomon yurdi. Oʻrmon oralab koʻp yurishmay, Grigorich toʻxtadi.
— Qarindoshlaring shu yerda, — dedi u botqoqlikka imo qilib.

Jahongir botqoqlikni endi koʻrishi edi: sassiq koʻlmakka oʻxshagan joy, ayrim yerlari quyuq atalaga oʻxshaydi, ayrim yerlarini poʻpanak bosgan.
— Bu botqoq koʻp odamlarni yutgan. Qabriston desang ham boʻladi. Xohlasang ibodat qilib ol.

Grigorich «xalal bermay», deb nari ketdi. Jahongir tiz choʻkib, tilovat qildi. Yuziga fotiha tortayotgan pallada botqoq biqirlab qaynadi. Uning nazarida opasi, jiyanlari qaytib chiqayotganday tuyulib, qoʻrqqanidan yuragi orqasiga tortib ketdi. Anchagacha baqrayib oʻtirdi. Chol uning qoʻrqqanini sezdimi yo kutish joniga tegdimi, tomoq qirib:
— Jenya, boʻldi, ketdik, — dedi.

Ular oʻrmon oralab yurib, yalanglikka chiqishdi. Tizza boʻyi keladigan oʻt gullarga belanib, epkinda chayqalib yotibdi.

Jahongir yigirma ikkinchi yildan beri qoʻliga chalgʻi olmagan edi. Bu qoʻllar oʻn bir yil choʻkich urishga koʻnikib qolgan ekan, chalgʻi dastlab unga boʻysinmadi. Biron soatlardan soʻng ishi yurishib ketdi.

Yalanglikdagi oʻtning yarmini oʻrib, oqshomda uyga qaytdilar. Yogʻoch uy zinasida oʻtirgan bola ularni koʻrgach, yuguraymi, boraymi-bormaymi, deb ikkilanib turib qoldi. Ertalab begonasiraganini unutib, bir-ikki qadam qoʻydi. Shunda chol chalgʻini pichanga sanchdi-da, bolaga quchoq ochdi.
— Sashenka, nimaga qarab turibsan, qani, chop!

Bola yugurib, kelib, Grigorichni quchoqlab oldi. Jahongir uning boshini silab, erkalab qoʻydi. U quduqdan chelakda suv tortib yuvinmoqchi edi, bola yaqinlashdi.
— Suv quyib beraymi? — dedi burro qilib. Keyin ruxsat kutmay, yogʻoch choʻmichda suv oldi. — Siz Nurini togʻasimisiz? — dedi Jahongirga tik boqib.
— Ha, — dedi Jahongir.
— Nuri endi oʻrmonda turadi. Ayasi ham, adasi ham oʻsha yerda. Men uni sogʻindim. Oʻynagani kelmayapti.

Jahongir bolaga nima deb javob berishni bilmay «Oting nima?» deb soʻradi.
— Samariddin, ertalab aytuvdim-ku? — dedi bola ajablanib.

Darvoqe... ertalab soʻragan edi-ya...
— Siz Nurilarni olib ketasizmi? — deb soʻradi bola.
— Ha, — dedi Jahongir noiloj.
— Dadam oʻrmondan kelsalar bizni ham olib ketadilar. Dadam chiqqunlaricha poylasangiz, birga ketardik.
— Xoʻp, kutaman.

Bola buni eshitib, choʻmichni chelakka tashladiyu bu xushxabarni onasiga yetkazish uchun uyga yugurdi.

Kechki ovqatdan keyin Samariddin Jahongirga yaqinlashib, peshonasiga barmoqchalarini tekkizdi-da:
— Bu nima? — dedi.
— Samarxon, unaqa dema, qoch.

Jahongir qoʻyavering, deganday Oynisaga jilmayib qaradi. Keyin:
— Bu shaytonning izi, — dedi-da, bolani tizzasiga oʻtqazdi.
— Qanaqa shayton? — dedi bola.
— Muzlarning ichida yashaydi, — dedi Jahongir.
— Oppoq boʻladimi?
— Ha.
— Unda nimaga izi koʻk?
— Oyogʻi siyohga tushib ketgan ekan.
— Siyoh qanaqa?

Bolaning soʻroqlari poyonsiz ekanini sezgan Jahongir:
— Burning nimaga puchuq? — deb soʻradi.
— Puchuq qanaqa boʻladi? — deb soʻradi bola boʻsh kelmay.

Jahongir kulib yubordi.
— Nima deyapti? — dedi Grigorich qiziqib. Jahongir bolaning gaplarini tarjima qilib bergach, chol ham miriqib kuldi.
— Siz qaerda yotasiz? — deb soʻradi Samaraddin Jahongirdan.
— Pichan ustida.
— Aya, menam togʻam bilan yotaman.
— Yoʻq, Samarxon, yiqilib tushasan.
— Dedul, ayamga skaji, — dedi bola choldan panoh izlab.
— Olya, ruxsat ber, erkaklar ochiq havoda yotishi kerak, — dedi chol.

Samaraddin xursandlikdan irgʻishlab, gʻaram ustiga birinchi boʻlib chiqib oldi. U biroz osmonga qarab yotdi-da, koʻzi uyquga ilinishi oldidan Jahongirning boʻynidan quchoqlab oldi. U dadasi bilan shunday yotardi. Jahongir buni fahmladi. Tushlarida koʻradigan doʻmboqcha oʻngida paydo boʻlib quchoqlaganday tuyulib, yuragi entiqdi. Bolaning iliq nafasi koʻkragiga urilib, badaniga jon qaytib kirganday boʻldi. Yuzini bolaning yuziga qoʻydi.

Ertalab uygʻongan chol ota-boladay achomlashib yotgan Jahongir bilan Samariddinni koʻrib koʻziga yosh oldi. Oʻz nabirasiday boʻlib qolgan bu bolani har quchoqlab erkalaganida, bola har safar boʻyniga osilganida koʻziga xuddi shunday yosh kelardi. Uni bolalik baxtidan ayirganlarni la’natlardi. Ba’zan zamonni ham qargʻagisi kelardi, ammo bunga tili bormas edi. Harholda shu zamonda yashayapti, bundan battar kunlarni koʻrganda ham qargʻamagan chol zamonni endi la’natlashni shakkoklik, deb bilardi.

Jahongir uygʻonib, koʻzini ochdi. Chol mungli boqishini yashirib, jilmayib qoʻydi. Jahongir bolani uygʻotib yubormaslik uchun qimirlamay qoʻyaqoldi. Chol tushib ketganidan keyin ham oʻrnidan jilmadi.
— Dedul, Samarxon uygʻonmadimi?
— Oʻgʻling dadasi biln yotganday maza qilib uxlayapti...

Jahongir bu gapni eshitib, Oynisaning ne holga tushganini his qildi: yuragi poralanib ketgandir?..

Samariddin nonushtadan keyin ularga ergashdi. Oʻrmondan qoʻrqib qolgan Oynisa uning borishiga ruxsat etmadi. Buning azobini oʻzi tortdi — oʻgʻli kun boʻyi etagiga yopishganday gʻingshib yuraverdi. Oshxonga kirsa, oshxonaga kiradi, uyga kirsa, uyga... Oynisaning yuragi qon boʻlib, uni siltab tashlab, qargʻab yuborishiga bir bahya qoldi. Qargʻashdan oʻzini tutdi, biroq, yigʻisini tiya olmadi. Yum-yum yigʻladi. Qishlogʻini eslab oh tortdi, erini yodlab faryod urdi, yetim qolgan bolasini oʻylab nola qildi. Samariddin onasini bu ahvolda koʻp koʻrgan, bu yigʻilarning sababini bilmas, biroq mitti yuragi achishib, oʻzini qoʻygani joy topolmay qolardi.

Oqshomda erkaklar qaytishganda Samariddin toʻgʻri borib oʻzini Jahongirning quchogʻiga otdi.
— Ha, sotqin, mendan kechdingmi? — dedi chol unga yolgʻon poʻpisa qilib. Keyin yuzidan avaylabgina chimchilab qoʻydi. — Yurak sezgir boʻladi. Yurakni aldash mumkinmas... — Grigorich shunday deb nari ketgach, Samariddin Jahongirning qulogʻiga shivirladi:
— Ayam yigʻladilar.
— Xafa qilgandirsan-da? — dedi Jahongir qovoq uyub.
— Yoʻ-oʻq, dadamni sogʻinganlar.
— Sen-chi?
— Menam sogʻindim. Yana sogʻinsam yigʻlayman.
— Yigʻlama, oʻgʻil bola yigʻlamaydi.

Kun boʻyi onasining izidan qolmagan Samariddin endi Jahongirga bogʻlandi-qoldi. Oynisa bir-ikki chaqirsa ham oʻzini eshitmaganga soldi. Shunda Oynisa najot kutib Grigorichga qaradi:
— Bunaqa oʻrganib qolsa, keyin nima qilaman?

Chol «menam shuni oʻylayapman», deganday soqolini silab oʻtirdi.
— Balki ketmas... Menga ichini ochgani yoʻq, lekin nazarimda, qaerda yashash uning uchun baribirga oʻxshaydi. Qishlogʻiga qaytsa, surgun qilinishi tayin. Shu yerda qolavergani durustmasmi? Sen, Olenka, u bilan bir gaplashib koʻr.

Bu gapni eshitib, Oynisa bir seskanib tushdi.
— Yoʻq, yoʻq, — dedi u shoshib. — Ketganlari ma’qul. Erkak odam oʻzini xor qilib qoʻymaydi.
— E, kizimka, kizimka, odamlar baxtning orqasidan quvib yurishadi. Sen esa, ogʻzingni ochib oʻtiribsan.

Oynisa cholga javob qaytarmadi. «Baxt faqat shu erkakning qolish yo qolmasligida emas, ikki bebaxtning bir-biriga suyanishi bilan olam guliston boʻlib qolmaydi. Men bevaman. Uning boshi ochiqqa oʻxshaydi. Peshonamdagi bu kulfatlar ozmi menga, yana bir gunohga roʻpara boʻlsam, nima qilaman? Oʻgʻlim ota mehridan bebahra oʻssa-oʻssin, men otasining arvohini chirqiratmasam bas», degani bilan chol tushunarmidi?

Bolaning tobora bogʻlanib borayotganini Jahongir his qilardi, oʻzi ketgach, uning ichikib qolishini ham bilardi. Shu sababli daladan qaytishi bilan opasining uyiga kirib ketardi. Bola quchoqlab olganida ham me’yordan ortiq erkalashdan oʻzini tiyardi. Oradan bir hafta oʻtgach, Jahongir yoʻlga otlandi. Uning bir koʻngli shu yerda qolish edi. Opasi, jiyanlri, pochchasining uyi, izlarini tashlab ketgisi yoʻq edi. Ammo bir koʻngli ota yurtida: balki akasi, xotini qaytishgandir, balki katta jiyani darbadarlikda yura-yura qishlogʻiga yetgandir?

Qaytadigan kuni Jahongir opasining nimchasini Oynisaga uzatdi. Ammo u olishdan bosh tortdi.
— Sizda omonat tursin, balki jiyanim shu yerga qaytar. Balki oʻzim xabar olgani kelarman, — dedi Jahongir. Oynisa biroz mulohaza qilib turgach, nimchani oldi.

Jahongir shaharga qaytgach, mudarris — Nizom qorovulning holidan xabar olib, qishlogʻiga shoshildi. Nazarida jiyani qishloqqa qaytib, Sotti — Sotvoldining qahriga duch keladiganday edi.

Qirqbelga oqshom oralaganda yetib keldi. Toʻgʻri Daminnikiga borib, jiyanini surishtirdi. Keyin boshidan oʻtganlarni soʻzlab berdi. Tunni shu yerda oʻtkazib, saharda qabristonga bordi.

Atrof sokin. Borliq quyoshning koʻtarilishini kutib, titrab turardi. Jahongir tilovat qilib boʻlgach, koʻrgan-kechirganlarini xayolan soʻzlab berdi. Nazarida uning alamli hikoyasini barcha marhumlar jim tinglashardi.

«Zab vaqtida oʻlgan ekanmizmi, a?» derdi biri.

«Vaqtida oʻlish ham Ollohning karami», deydi boshqasi.

«Shu kulfatlarni bizning boshimizga solmagani uchun shukr», deydi uchinchisi.

«Farzandlarimizning gʻamini koʻrsatmaganing uchun shukr, deydi toʻrtinchisi. — Lekin jigargoʻshalarimizni bizdan keyin kulfatlarga duchor qil, demagan edik-ku?..»

«Bolamning boshiga ofat yogʻdirguncha, meni doʻzaxda kuydirsang boʻlmasmidi?!»

Jahongir tanidi bu nidoni, u — onasining ovozi.

«Kambagʻalga muruvvat qil, deding, muruvvat qildim. Hasad qilma, deding, hasad qilmadim. Umr boʻyi chizgan chizigʻingdan chiqmadim. Faqatgina senga muhabbat qoʻydim va shu muhabbatim bilan qabrga tushdim, biloxir vaslingga yetmoqni niyat qildim. Umrim bino boʻlib men sendan biron nima ta’ma qilmaganman. Yolgʻiz bir oʻtinchim — bolalarimning insofini va iymonini ber, azoblarga giriftor qilma, deb ertayu kech yolbordim. Iltijolarimni ne uchun qabul etmading. Gunoh mendami yo bolalarimdami?» Bu — otasining ovozi.

«Dadajon, nolangizni eshityapman. Menga ham bir gap ayting».

«Opalaringni yolgʻiz tashlab keldingmi, oʻgʻlim?»

«Ilojim qancha edi?»

Javob oʻrniga xoʻrsinish eshitildi. Soʻng... borliq titroqdan qolib, uygʻona boshladi. Uzum donasining qoq oʻrtasida, sharbat ichida urugʻlar joylashgani kabi Jahongir yuragining qoq markazida zardob toʻplangan edi. Uzum donasidan urugʻni chiqarish oson, lekin yurakdan zardobni qanday sitib chiqarish mumkin?

Jahongir yurakdagi shu zardob bilan shaharga qaytdi. Tanish zargar bu safar ham hojatini chiqargach, mudarris — Nizom qorovul hujrasida bir kecha tunab, yana poezdga oʻtirdi.

Uning Bryanskka yoʻl olishiga qabristondagi gʻoyibona suhbat sabab desak, mubolagʻa boʻladi. Jahongir Oynisaga nimchani berib, hovlida Samariddinni dast koʻtarib oʻpib, yerga qoʻyganida nimanidir yoʻqotganday tuyuldi. Qishloqdan uzoqlashgani sayin yuragi orziqaverdi. Jigarlarini tashlab ketayotgani uchun shundaymi yo tushidagi doʻmboqchani oʻngida topganigami — oʻzi aniq bilmas edi. Qishlogʻiga sigʻmagan odamni darbadarlik kutardi. Qaydan qoʻnim topish — darbadar uchun farqsiz. Shaharda mudarris bilan hamsuhbat boʻlib qancha yashashi mumkin? Sottiga oʻxshaganlar duch kelsa, boshini qay devorga uradi?

Jahongir poezdda keta turib shularni oʻylardi. «Dadam rahmatli «Bu yerda ham bir burda nonga qorning toʻyadi xorijda ikki kosa yeyolmaysan», devdilar. Bir kosa ovqatni qishloqda xotirjam yeyish nasib etmadi-ku? Akam qochib toʻgʻri qildilarmi? Qochmaganlarida baribir quvgʻin boʻlarkanlar-ku?» Shu ongacha Jahongir akasini xorijga oʻtgani uchun faqat la’natlardi. Oʻzi qishlogʻidan uzoqlashgani sayin akasiga nisbatan alanga olgan gʻazab gulxanining avji biroz pasaydi «Qochish boshqa, bu — xoinlik, majbur boʻlish — boshqa», degan fikr bu gulxanning butunlay oʻchishiga yoʻl bermas edi.

Poezd olgʻa intilgani sayin havoning tafti qirqilib boraverdi. Jahongir bu safar manzilga yetishda ancha qiynaldi. Kunda, kun ora yogʻadigan yomgʻir yoʻllarning atalasini chiqarib yuborgan, saf tortgancha nima qilishini bilmay turgan adl daraxtlar orasida pistirmada yotgan izgʻirinli shamol qoʻqqis hujum qilib yupun kiyingan Jahongirning badaniga igna boʻlib sanchilardi.

Jahongirni birinchi boʻlib Samariddin koʻrdi. Onasining roʻmoliga oʻralib zinapoyada turgan bola, aftidan, uni har kuni kutar edi. Ishonchlari, umidlari aldanmagan bolaning quvonchlarini bir koʻrsangiz edi! Samariddin Jahongirning boʻynidan mahkam quchib oldi. Jahongir «Xayriyat, meni ham intiq kutadigan, qarshilaydigan tirik jon bor ekan», deb Yaratganga shukrlar qildi.

Dalada ish qolmagan, dehqonlarga issiq uyda yotishdan boʻlak yumush yoʻq edi. Grigorich «shu yerda qishlaydigan boʻlsang oʻtin tayyorla», degach, oʻrmonga borib oʻtin kesdi. Bir kuni chol barvaqt chiqib ketib, kun peshindan oqqanda qaytdi. Kampiri uzatgan choyni likopchaga quyib xoʻrillatib ichdi.
— Uchrashdingmi? — deb soʻradi kampir betoqat boʻlib.
— Uchrashdim, — dedi chol.
— Nima dedi?
— Nima derdi, Grigorich nima desa, shu boʻladi-da, — chol bu gapni magʻrur bir ohangda aytdi. Choyini ichib boʻlgach, Jahongirga qaradi: — Jenya, men rais bilan gaplashdim. Sen Grigorich oilasining a’zosi sifatida kolxozda ishlaysan. Choʻchqa boqish qoʻlingdan keladimi?
— Grigorich, qoʻlimdan kelmaydi. Meni bunaqa ishga roʻpara qilmang.
— Boshqa ish yoʻq kolxozda. Molga qaraydigan odam tayin. Choʻchqaboqarga yordamchi kerak. Bilaman, choʻchqani harom deysan. Lekin sen choʻchqa goʻshtini yemaysan-ku, ovqat berasan, tagini tozalaysan, vassalom! Ishlab turmasang boʻlmaydi.

Jahongir chindan ham noiloj edi. U pastak bostirmada, sassigʻi bir chaqirim nariga yetib boradigan choʻchqaxonada ishlashga majbur boʻldi. Bir hafta mobaynida rais ikki marta kelib, choʻchqaboqar bilan gaplashib ketdi. Aftidan, noma’lum odamga choʻchqalarni topshirishga topshirib qoʻyib, koʻngli tinchimayotgan edi.

Jahongir bir kuni ishga otlanayotganida eshik qattiq taqilldi. Eshikni ochmoqchi boʻlib yugurgan Samariddin yarim yoʻlda toʻxtadi. Xonaga uzun shinel kiyib, yoniga toʻpponcha taqqan malla odam kirib keldi. Uni koʻrib Oynisaning esxonasi chiqib ketdi. Kenjasini bagʻriga mahkam bosib oldi.
— Muhammadrizaev kim? — dedi militsioner qoʻpollik bilan.
— Men, — dedi Jahongir.
— Hujjatlaringizni koʻrsating!

Militsioner xona oʻrtasida tik turganicha hujjatlarni koʻzdan kechirdi.
— Ishlayapsanmi?
— Ishlayapman.
— Yaxshi, ishlayver. Bu yerdan bizning ruxsatimizsiz bir qadam ham jilmaysan.
— Men bu yerga oʻz xohishim bilan keldim. Men quloq qilinmaganman.
— Men bitta gapni ikki marta qaytarmayman. Grigorich, mehmoningga koʻz-quloq boʻlib tur. Sen ham javobgarsan.
— Hech qayoqqa ketmaydi, xotirjam boʻl, — dedi chol, — mabodo tomogʻingni hoʻllab olmaysanmi?
— Quy, Grigorich, sovuqning zahrini oladi.

U bir krujka qoʻlbola aroqni ichib olib, indamay chiqib ketdi.

Kunlar oʻtaverdi. Qish bu qishloqda ham hukmini oʻtkaza boshladi. Raisning tekshiruvi kamaydi, militsionerning esa dam-badam kirib hujjat tekshirish bahonasida Grigorich quyib bergan aroqqa nafsini qondirib ketishi odat tusiga kirdi. Samariddin Jahongirning ishdan qaytishini kutadi. Jahongir ovqatlanib olgach, ikkovi tashqariga chiqadi. Samariddin chol yasab bergan qoʻpol chanaga oʻtiradi. Jahongir otga oʻxshab pishqirib uni uchiradi. U har pishqirganida, kishnaganida bola qiyqirib kuladi. Oynisa ularning oʻyiniga derazadan boqib turadi. Jahongir uning nigohini tuyadi, shu sababli uy tomonga qaramaydi. Soʻng Jahongir opasining yarim yertoʻlasiga kiradi, boshqa vaqt shu yertoʻlada umr oʻtkazadi. Samaraddin unga ovunchoq, ba’zan ishlayotganida ham bolani qoʻmsab qoladi.

Bir kuni chol oʻrmondan boʻy barobar archa kesib kelib uy oʻrtasiga oʻrnatdi.
— Bizning bayramimiz, — deb tushuntirdi u Jahongirga, — paygʻambarimiz tugʻilgan kun.

Jahongir bu bayramni bilardi. Oʻsha muzliklar orasida nasroniylar gapirishardi. Ma’muriyat esa bayram qilishga yoʻl bermasdi.

Chol bilan kampir dasturxon tuzab boʻlgach, uy burchagidagi Iso Masih surati oldida tiz choʻkib, uzoq ibodat qilishdi. Soʻng chol-kampir bir necha qultumdan ichishib, oʻpishishdi.

Ovqat mahali chol-kampir bir-biri bilan koʻz urishtirib olishdi. Jahongir buni sezdi. Ammo ularning maqsadini anglamadi. Bir mahal cholning oʻzi yorildi:
— Jenya, bir taklifimiz bor. Sasha senga juda oʻrganib qoldi. Hatto otasini ham unutganga oʻxshaydi. Men bilan ishi yoʻq, sening qaytishingni poylaydi. Birga boʻlib qoʻya qolganlaring durustmidi?

Bu gapni eshitib Oynisa turib ketdi. «Voy shoʻrim», deb narigi xonaga qarab yurdi.
— Olya, oʻtir, — dedi chol buyruq ohangida.

Oynisa qaytib, omonatgina oʻtirib, boshini egib oldi.
— Jenya, sen erkaksan, gapir.

Jahongir oxir-oqibat shunay gap chiqishini bilardi. Xushroʻygina, chaqqongina bu juvon har qanday erning qorongʻi yuragiga chiroq yoqishi mumkin edi. Jahongir ba’zan bu haqda ham oʻylardi. Ammo uni bir oʻy ushlab turardi: u boshiga yana ne kunlar tushishini bilmas edi. Bu jamiyatning qora roʻyxatiga tushib qolgan odamni aroq ichgani kiruvchi militsioner istagan paytida qoʻliga kishan urib olib ketishi mumkin edi. Buning uchun ortiqcha aytilgan bir soʻz yo yoʻqolgan bittagina choʻchqa bolasi kifoya. Jahongir bularni sezib, oʻzini hamisha qilkoʻprik ustidagi omonat odamday his qilardi. Bugun shu juvonga baxt beraman, deb uni ajdaho komiga itarib yuborishni istamas edi. Jahongir hozir bu gaplarni chol-kampirga, eng muhimi Oynisaga aytib tushuntira olmas edi. Shu sababli oʻylab qoʻygan boshqa fikrini oʻrtaga soldi:
— Grigorich, Oynisani dastlab koʻrganimda singlim boʻladi, deb oʻylaganman. Siz aytganday ish yuritishimiz mumkin emas, meni gunohga qoʻymang. Oynisa menga singil, bolalari jiyan. Samarxon meni togʻa deydi, shunday deyaversin. Oynisa koʻnsalar... men aka boʻlay... — Jahongir shunday deb dsturxondagi bir boʻlak nonni ikkiga boʻlib, bir boʻlagini Oynisaga uzatdi. Oynisa unga qaramagan holda nonni olib, bir uchini sindirib ogʻziga soldi. Qolgan boʻlagini bolasiga uzatdi.
— Non yemayman, — dedi Samariddin oʻjarlik bilan.
— Yemasang togʻang xafa boʻladilar, — dedi Oynisa.

Bola «shundaymi?» deganday Jahongirga qaradi. Jahongir jilmayib qoʻyib, oʻzining ulushini olgach, Samariddin ham nonni ogʻziga solib, apil-tapil chaynay ketdi.
— Bu ishing ham ma’qul, — dedi chol. Kampir esa «attang», deganday bosh chayqab qoʻydi.

Ular shu zaylda aka-singil tutinishgani bilan oʻzaro kam gaplashishardi. Ayniqsa, yolgʻiz qolishdan qoʻrqishardi. Qasam ichishgan boʻlsa-da, harholda orada shayton bor...

Bu oʻlkalarga bir umr hokimman, deb qalingina qor tashlagan qish bahorning taftiga dosh berolmay chekindi. Shunchaki chekinmadi, balki hali yana qaytaman, kuningni koʻrsataman, degan dagʻdagʻa boʻronlari bilan ketdi. Chindan ham oradan oylar oʻtib qaytdi. Toʻs-toʻpolon bilan emas, ayyorlik ishlatib kirib keldi: tunda hamma yoqni oppoq qor bilan egallab oldi...

Jahongir oʻrmon etagida shu zaylda yana uchta qishni koʻrdi.

Ikki uchrashuv

Yusufxonadan yoʻlga chiqqan Safarqul Xadicha bilan koʻrishganida nimalar der ekan? Haqiqatni bilgan Yoʻlchivoy qay ahvolga tushadi? Komlevning Jahongir bilan uchrashuvi qay holda kechadi? Endi soʻz shu haqda.

Darvozani ochgan Yoʻlchivoy Sanjar Solihovning yonida Safarqulni koʻrib, rangi quv oʻchdi. Mehmonlarga «kelinglar», deyishga ham tili aylanmadi.
— Safarqul aka yangi uylaringni bilmas ekanlar, boshlab keldim, — dedi Solihov undagi oʻzgarishni sezmaganday.

Safarqul ostona hatlab yoʻlakka oʻtdi-da, hanuz nest boʻlib turgan Yoʻlchivoyni bagʻriga bosdi. «Bandalik ekan, inim, dadangizni berib qoʻyibsiz», degandan keyingina Yoʻlchivoy esini yigʻishtirib olib, «Ollohning irodasi», deyishga kuch topdi.

Solihov ichkari kirmadi. Yoʻlchivoyning savol nazariga sirli jilmayib: «Ertaga soat oʻn birda onangiz bilan birga boring, kutaman», dedi.

Mayor Solihov bugungi uchrashuvdan mamnun edi. U marhumning uyida nima gaplar boʻlishini taxminan bilardi. Ertagi uchrashuvda koʻp tugunlar yechilishiga amin edi.

Idorada esa uni kapitan Ramziddin Ramazonov kutardi. Komlevning erta-indin tashrif buyurishini bilib, Solihov iyagini silab oʻylandi.
— Ularni qaerda uchrashtiramiz, turmaning shifoxonasidami?
— Yana qaerda uchrashishlari mumkin? — dedi kapitan Solihovning maqsadini anglamay.
— Men Muhammadrizaevni hibsdan ozod qilmoqchiman, — dedi mayor, — qotillikka uning daxli yoʻq, bu — bir, marhum uning akasi ekani aniqlandi, bu — ikki, qotilni yo Muhammadrizaev biladi, yo marhumning oilasi. Muhammadrizaevni hibsda tutib turishimiz samara bermaydi, bu — uch. Qotilning iziga tushish uchun Muhammadrizaevni ozod qoʻyishimiz shart. Agar u qotilni bilsa, albatta uchrashadi.
— Qotil uchrashishni istamasa-chi?
— Muhammadrizaevning atrofidagi odamlar bilan qiziqib koʻramiz. Gumoningiz toʻgʻri chiqsa, uchrashishdan boʻyin tovlaganlar orasidan qidirish kerak boʻladi.
— Komlevning bu ishimizda koʻmagi tegishiga ishonasizmi? — deb soʻradi kapitan. — Muhammadrizaev qamoqda ham, undan keyin ham akasi haqida gapirmagan ekan.
— Gapirgan boʻlsa ham Komlev unutgandir?
— Yoʻq, cholning xotirasi oʻtkirga oʻxshaydi.
— U holda... akasi haqida gapirmagani gʻalati emasmi? Nima uchun gapirmagan? Hatto «akam chet elga oʻtib ketgan» demaganmi, a? Menimcha, bunda bir sir bor. U sirni Daydidarada yechishi lozim boʻlgan.
— Oilasiga oid sir, deb oʻylasizmi?
— Yoʻq Muhammadrizaev xotini, oʻgʻli taqdirini bilmagan. Yuzma-yuz uchrashuvda Yoʻlchivoy Siddiqov farzandlaridan birining ismini «Jahongir» leganidan keyin u hushidan ketdi. Yoʻlchivoy akasining emas, oʻzining pushtikamari ekanini yurakdan his qilib yurgan. «Bir oʻgʻlimning ismi Jahongir», deyilgach, gumon haqiqatga aylanib, bu yangilikni yuragi koʻtara olmagan. Oilasi taqdirini oldindan bilganida Daydidara voqeasi yuz bermasligi mumkin edi.
— Akasi qishloqqa oʻt qoʻyib, xotinini olib qochgan boʻlsa-chi?
— Menda ham shunday gumon bor, — dedi Solihov. — «Alqasosu minal Haq» bekorga yozilmagan peshonasiga. Lekin u bor haqiqatni aytmaydi. Akasi mal’unlarning mal’uni boʻlgan taqdirda ham, marhumni endi yomon, demas. Balki Komlev bilan uchrashsa, xotiralari insofga keltirib, koʻnglini yumshatar, keyin dardini aytar?

Ramazonov bu gapni eshitib, miyigʻida kuldi.
— Bu bechoraning hayotida eslab, koʻnglini yumshatadigan voqea boʻlganmikin?
— Boʻlmagan, deb oʻylaysizmi? Har qanday fojiali damda ham odamning koʻnglida chiroq oʻrnida yoqiluvchi yaxshi bir gap, voqea mavjud boʻladi. Siz urushda yurib, faqat oh-vohni, nolalarni tinglaganmisiz? Odam kulgisini eshitmaganmisiz?

Kapitan Ramazonov «Odamlarning fe’li har xil boʻladi», deb yelka qisib qoʻydi.

Daydiradagi qotillik sabablarini oʻrganayotgan bu ikki odam sirlar tuguni ustida bosh qotirishayotganda marhum Siddiq Sharipov — Olamgirning xonadonida koʻngillarni poralovchi voqea sodir boʻlgan edi.

Safarqul uyga kirib fotiha oʻqigach, Xadicha ostonaga kelib, yuzini roʻmoli bilan yarim yopgan holda soʻrashdi. Safarqul «Ollohning irodasi» haqida gapirib, ta’ziya billdirdi.

Yoʻlchivoy «Bu milisa bilan qaydan tanishdingiz?» degisi kelardi-yu, mezbonlik burchi mehmonni bu tarzda soʻroqqa tutishdan toʻxtatib turardi. Safarqul shunday savol berilishini yoʻlga otlangandayoq bilgandi. Shu sababli Yoʻlchivoyning qarashidagi savol alomatini darrov sezdi.
— Yoʻlchivoy, inim, — dedi u ta’ziyaga oid gap-soʻzlarga yakun yasagach, — bu odam bilan birga kelganimdan ranjimang. Uylaringizni bilmas edim. Bu odam meni izlab Yusufxonaga boribdilar, yozloqqa ham chiqdilar. Bir kecha oʻtovimda tunadilar. Sizlarni surishtirdilar. Yolgʻonga oʻrganmaganman, rostini aytdim.
— Nimani aytdingiz? — dedi Yoʻlchivoy dagʻalroq ohangda.
— Rahmatli Olamgir akaning Qirqbeldan ekanliklarini, boshlariga tushgan kulfatlarni, keyin... aka-uka tutinib yurtga qaytganlarini... Himmatlarini ham aytdim. Ukalarining xotinlarini panohlariga olganlarini ham...
— Nima? — Bu gapni eshitib, Yoʻlchivoy oʻrnidan turib ketayozdi.
— Bilmasmidingiz? — Safarqul ayb ustida qoʻlga tushgan oʻgʻridek boʻynini qisdi. Bu haqiqatning Yoʻlchivoydan sir tutilishini u bilmas edi. U Olamgirning Xadichani nikohiga olganidan xabardor, soʻng bu oiladan ancha yil uzoqlashib ularning taomiliyu sirlaridan begona boʻlib ketgandi.
— Yoʻlchivoy!

Onasining ovozini eshitib, Yoʻlchivoy oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Xadicha ostonadan chekinib, devorga behol suyanib turardi.
— Yoʻlchivoy, oʻgʻlim, qoʻy, surishtirma...

Onasining ovozidagi zaif titroq Yoʻlchivoyning yuragiga koʻchdi. U onasini ichkari uyga kuzatib, oʻzi mehmonxonaga qaytdi.
— Yoʻlchivoy, inim, men omining gunohidan oʻting. Koʻngil soʻrayman, deb koʻngillaringizni vayron qildim. Xudo shohid, sizlarga yomonlik istamagan edim. Men dadangizning tuzini totgan edim, rozi boʻlinglar, — Safarqul shunday deb fotihaga qoʻl ochdi. Yoʻlchivoy uning ketishiga monelik qilmadi. Koʻchaga qadar kuzatib chiqib, xayrlashar chogʻi mehmonning yuragini zada qilmaslik uchun shunday dedi:
— Safarqul aka, biz sizdan domangir emasmiz. Bolalaringizning rohatini koʻring. Gunohlarimizni Ollohning oʻzi kechiradi. Mahshargohda yorugʻ yuz bilan koʻrishishni nasib etsin.
— Inshoolloh...

Safarqul bu xonadonga kulfat tufayli yaqinlashgan edi, kulfat tufayli butunlay uzildi.

Yoʻlchivoy darvozani tambalab, iziga qaytdi-yu, hovli oʻrtasiga kelganda toʻxtab qoldi. U hozir yoʻlini yoʻqotib qoʻygan yoʻlovchi kepatasiga tushgandi.

Xadicha oʻgʻlining toʻxtab qolganini koʻrdi. Yoniga chaqirmoqchi boʻldi, ammo jur’at qilolmadi. Farzandini bir necha soat koʻrmasa yuragi orziqadigan ona ayni choqda u bilan yuzma-yuz kelishdan qoʻrqdi. U oʻgʻlining koʻziga qarashdan, savollariga javob berishdan qoʻrqdi. Uning uchun eng dahshatlisi, mudhishi — haqiqatning ochilishi edi. Bundan necha yillar oldin Azroil unga roʻpara kelib: «Boshingga shunday kun tushadi, oʻsha damgacha yashayverasanmi yo omonatingni topshirasanmi», desa, «Koʻz qorachigʻim, oʻgʻlimning baxtini koʻrayin, bolamning bolalarini koʻrayin», deb niyat qilmay, shubhasiz «Jonimni olaqol», derdi. Hozir ham tayyor edi jon berishga. Ammo qani oʻsha Azroil, qani jon oʻgʻrisi?! Asta bostirib kelmay, shartta kirib ola qolmaydimi Ollohning omonatini! Bu mushtiparni navbatdagi qiynoqdan ozod qilmaydimi? Xonadon xojasini Daydidaraga haydab borguncha, shu jabrdiyda jonni bu dunyo azoblaridan qutqarmaydimi?

Yoʻlchivoy onasining oʻlimga rozi turganidan bexabar. U ham shu choqda onasiga roʻbaroʻ kelishni istamaydi. Yuragi tuzoqdagi qushmisol potirlaydi. Safarqulning gapi dam uzoqdan eshitilib, dam qulogʻi ostida jaranglab, vujudini ikkiga ajratib yuborguday boʻladi. Shu topgacha kulfat nima, gʻam nima, nochorlik nima, och yashash, yupun yashash nima — bilmagan yigit avval suyanadigan togʻidan ajrab, endi sinoatlar chohiga tushib qolgan edi.

Erining hovli oʻrtasida toʻxtab qolganini koʻrgan Nozima qoziqdagi toʻnni olib, shoshilgancha tashqariga chiqdi. Yoʻlchivoy toʻn koʻtarib kelayotgan xotiniga koʻzi tushib, xayolini jamladi. Xotinining «Nima boʻldi, dadasi?» degan savolini javobsiz qoldirib, onasi oʻtirgan uyga qarab yurdi.

Xadicha oʻgʻlini «jonimni qiynama, bolam», degan ma’noni anglatuvchi iztirobli qarash bilan qarshi oldi. Yoʻlchivoy ichkari kirib, derazaga orqa qilib oʻtirdi. Onasiga qarashga botinmadi, soʻz boshlashga ham jur’at etmadi. Ayni paytda indamay oʻtira olmas edi. Shu bois:
— Safarqul aka ketdilar, — dedi past ovozda, — xijolat boʻluvdilar, biz sizdan domangir emasmiz, dedim.
— Yaxshi aytibsan, u bechorada gunoh yoʻq.

Ona-bola bir-biriga aytadigan boshqa gapi yoʻqday, jim qolishdi. Ona oʻgʻlidan bir savol kutardi, nazarida bu savol qiyomatni boshlab berishi lozim edi. Oʻgʻil esa beriladigan savol onasining qalbini poralashi mumkinligini bilib, shu istihola bilan oʻtirardi. Uzoq sukut saqlash joiz emas, Yoʻlchivoy nimadir deyishga majburiyat sezdi:
— Safarqul aka bilan anavi milisa ham keluvdi, — dedi u.
— Nimaga kelibdi?
— Ertaga borishimiz kerak ekan.
— Yoʻq, jon bolam, meni olib borma oʻsha yerga!
— Bormasak... milisa yuborib, zoʻrlab olib ketadi.
— Voy xudoyim, bu koʻrguliklaring ham bormidi... Yana nimani soʻraydi?
— Aslimizni, nasl-nasabimizni surishtiradi. Dadam... bu yerdan ketishlarida... ayb ish qilmagan edilarmi?
— Dadang farishtadek pokiza, oʻgʻlim, qilgʻiliqni boshqalar qilishgan. Biz uydan chiqib ketganimizdan soʻng kimdir qishloqqa oʻt qoʻygan.
— Oʻttiz yil naryogʻidagi gaplarni surishtirish nima uchun kerak unga? — Yoʻlchivoy shunday deb onasiga qarab oldi. Xadichaning roʻmoli sirgʻalib yelkasiga tushgan, oqargan sochlari parishon qolgan edi.
— Faqat u emas... sen ham bilging kelyapti... Ziyrak zehningdan biron nimani yashirishim qiyin. — Xadicha chuqur uf tortib, sukutga berildi. Yoʻlchivoy gap qoʻshmay uning tilga kirishini kutdi. — Sen bilmaganingni oʻsha milisa bilarkan. Surishtirishi bejizmas. Oʻsha suratdagi odam bizga begona emas. U kishi... dadangning ukalari...

Bu yangilikdan lol qolgan Yoʻlchivoy onasiga tikildi. Xadicha oʻgʻlining qarashiga dosh berolmay koʻzini olib qochdi.
— U kishi... qishloqdan ketolmay qolgan edilar. «Qizillar urib oʻldirishdi», deb bizga xabar yetkazishgan edi.
— Kim?.. Kim aytgan edi?
— Biz bilan birga ketganlar. Ular dovonda kelib qoʻshilishuvdi. Darrov aytishmadi. «Bormayman, izimga qaytaman», deyaverganimdan keyin bildirishdi. Yoʻlda aza ochdim, qora kiydim.

Yoʻlchivoy bolalik chogʻlarida eshitgan «sen yoʻlda tugʻilgansan, shuning uchun Yoʻlchivoy qoʻyganmiz ismingni», degan gaplarni eslab, koʻzlari kosasidan chiqib ketay dedi.
— Men... Men-chi? — dedi duduqlanib.

Xadicha oʻgʻlining bu ahvolini koʻrib, qoʻrqib ketdi. Unga yaqinlashib, bagʻriga bosib oldi.
— Jon bolam, oʻzingni bos.
— Ayting, toʻgʻrisini ayting...

  

— Aytaman, jon bolam, aytaman, bu sirni oʻzim bilan olib ketolmayman. Qasam ich, deyishganda koʻnmaganman, orada qasam yoʻq, bir kunmas bir kun aytaman, deb oʻylardim. Mayli, endi aytay, zora bagʻrimdagi qoralar yuvilsa... — Xadicha chuqur nafas olib, uzoq yillar asragan sirni ochishga quvvat toʻplaganday boʻldi. — Oʻsha suratdagi odam... otang... Sen yoʻlda tugʻilgansan. Qashqarga borganimizdan keyin ovsinimning qazosi yetdi. Bolasi ham oʻlik tugʻildi, oʻzi ham uzoq yasholmadi. Oʻshandan keyin... Amaking senga ota boʻldilar...

Yaqindagina otasining jismini yerga qoʻygan Yoʻlchivoy bu gapdan keyin uning ruhidan ham ajraganday boʻldi. Haqiqat yuz ochgach, ona-bola oʻylaganday, olam ostin-ustin boʻlib ketmadi. Necha kundan beri yer yuzini isitmay qoʻygan quyosh oʻsha-oʻsha bezbetlarcha boqadi. Barglarini toʻkib boʻlgan daraxtlar qorayib, xunugi chiqib turibdi. Olam oʻsha-oʻsha, qiyomat esa ona-bolaning yuragida boshlangan edi.

Derazadan yopirilib kirayotgan quyosh nuri tokchadagi kaftdek koʻzguga urilib, shiftga sapchigancha qotgan. Xontaxta ustida ichilmay sovub qolgan yarim piyola choyga tushgan quyosh nuri esa shiftda beorom yurakdek titraydi. Diqqat bilan qaralsa, piyoladagi choydan jon olgan quyosh nuri shiftga turli suratlar chizadi: togʻlar oʻrnini tuyaga boʻshatadi, tuya bir gala boʻrilarga, boʻrilar chiroyli qasrga, qasr iblislarga...

Ona-bola quyoshning bu hunaridan bexabar. Bu onda, hayotning tomchiday bir qismida, ularning qalblari oʻttiz uch yillik voqealar poʻrtanasiga bandi boʻlgan. Bu bandilikdan qutulish uchun yuraklar qattiq-qattiq tepadi, koʻkrak qafasini sindirib, otilib chiqib ketmoqchi boʻladi.

Xadicha farzandini bagʻriga bosganicha koʻzlarini yumib olgan. U hech narsani eslagisi kelmaydi. Garchi yomon yoʻlga yurmagan, toʻgʻri yashagan boʻlsa-da, oʻtgan hayoti koʻziga jirkanch koʻrinadi.

U oʻgʻlining boshiga yuzini qoʻyib, yuragi oʻrtanadi: Yoʻlchivoydan kap-katta yigitning emas, beshikdan endigina yechib olingan goʻdakning isi keldi. Xadicha bolasini beshikdan yechib olib bagʻriga bosganida, suyib erkalaganida, toʻyib-toʻyib oʻpganida dimogʻiga shunday begʻubor hid urilardi. Endi bu hid qaerdan keldi? Oʻgʻli goʻdaklik chogʻiga qaytdimi? «Qoʻlbogʻidan qutulib, ozodlikka chiqqan bolacha tipirchilaydi, onasining qoʻlidan yulqinib chiqib, goʻyo yugurib ketmoqchi boʻladi. Ie, ana, yulqinib chiqa oldi. Yugurib ketdi. Ogʻqyalang yuguryapti, axir yoʻllarda tikonlar bor-ku?! Tikon ham mayli, ufqda yer yonyapti! Bolasi esa toʻppa-toʻgʻri oʻtga qarab chopyapti. Oʻzi-chi, oʻzi nimaga qarab oʻtiribdi? Nimaga bolasini asrashga harakat qilmayapti? Xadicha turmoqchi boʻladi — oyoqlari oʻziga boʻysinmaydi. Ufqdagi olovning tafti shu yerga ham yetib kelib, tutuni nafasini boʻgʻadi...

Onasining koʻksiga bosh qoʻygan Yoʻlchivoy hushidan ayrilgan odam ahvolida oʻtiribdi. Ona yuragining tepishi unga «taq-dir», «taq-dir» kabi eshitilardi. Kuch bilan urayotgan yurak zarbi avval sustlashdi. Soʻng... siyraklashdi... Yoʻlchivoy sergak tortib, boshini koʻtarib onasiga qaradi: koʻzlari yumuq Xadichaning yuzidan rang qochgan edi.
— Aya, ayajon! — dedi Yoʻlchivoy titroq ovozda.

Xadichaning mijjalari qimirladi, ammo koʻzi ochilmadi. Yoʻlchivoy onasini koʻrpachaga yotqizib, tashqariga otildi:
— Ayasi, ayasi deyman! — deb baqirdi ayvonga chiqib. Xavotirga tushib sergak oʻtirgan xotini darrov eshik ochdi. — Ayamga qarang! — Yoʻlchivoy shunday deb yugurib koʻchaga chiqdi. U hozir hech nimani oʻylamas, atrofdagi odamlarni ham koʻrmas edi. U ikki koʻcha narida yashovchi, hamshaharlari, «xitoy doʻxtur» deb nom chiqargan Murodillanikiga qarab yugurardi. Baxtiga «xitoy doʻxtur» uyida ekan. Yoʻlchivoyning uzuq-yuluq gaplarini tinglab, «Sen uyingga qayt, oyogʻini issiq qil, men izingdan yetib boraman», dedi.

Yoʻlchivoy qaynogʻi oʻlgan samovar suvini meshchaga quyib, onasining oyogʻiga qoʻyayotganida Murodilla xotinini boshlab keldi. Xadichaning tomir urishini eshitib, qoshiqcha soʻradi. Yonida olib kelgan oʻtkir hidli doridan quyib ichirdi-da, oʻrnidan turdi.
— Bu yogʻi yangangning ishi, sen xavotir olma, — deb tashqariga chiqdi.

Murodillaning xotini bir zumda Xadichaning chakkalariga, boʻyniga, bilaklariga, koʻkragiga kiprik qalinligidagi tilla ignalarni qadab tashladi. Muolaja amal qilib, Xadicha oʻsh zahoti koʻzlarini ochdi. Kelini bilan hamshaharini koʻrib xijolatligini oshkor qilish maqsadida jilmaymoqchi edi, labi titrab, oʻziga boʻysinmadi. «Hushimdan ketibman-da, — deb oʻyladi u, — Xudo meni qaytarib berdimi, ishqilib yaxshilikka qaytardimi ekan yo qolgan-qutgan balolarni ham koʻrsin, dedimi?»

Xitoy doʻxturning xotini eshikni ochib, ayvonda turgan eriga bosh irgʻab qoʻydi.
— Ayang oʻziga keldi. Qaygʻu bir oz urintirib qoʻygan. Yangang xabar olib turadi, xavotir olma... Oʻzingning ishlaring qalay?
— Xudoga shukr, qimirlab turibmiz.
— Milisadan xabar bormi? Topishibdimi?
— Yoʻq.
— Bittasini ushlashgan ekan-ku?
— Aniqmas, deyishyapti...

Bu haqda gaplashishga Yoʻlchivoyning xohishi yoʻq edi. Murodilla buni sezib, boshqa savol bermadi. Ignalarni olish vaqti yetgach, ichkari kirib Xadichaning bilak tomirini ushlab koʻrdi-da, «xavotir olmanglar», deb uyiga qaytdi. Yoʻlchivoy uni kuzatib qoʻydi-yu, ichkari kirishga yuragi betlamadi. Kirsa yana oʻsha gap qoʻzgʻoladiganday, onasi bu safar butunlay koʻz yumadiganday tuyuldi. U biroz hovlida ivirsib yurdi-da, keyin uyiga kirdi. Akalari bilan oʻyinchoq talashayotgan kenjasini koʻtarib onasining xonasiga oʻtdi. Tili chiqib, biyron boʻlib qolgan doʻmboqchasini yerga qoʻyishi bilan u yugurib borib, buvisining yoniga yotib oldi-da, akalarining yomonligidan arz qildi.

Kech kirguncha shu bola bilan ovunishdi. Kechki ovqat Xadichaning ham, Yoʻlchivoyning ham tomogʻidan oʻtmadi. Nozima uy toʻriga qaynonasiga, etakroqqa eriga joy solayotganda Xadicha oʻgʻliga savol nazari bilan qaradi. Yoʻlchivoy onasiga javob bermadi. Xadicha «koʻnglim yolgʻizlikni istayapti», deya olmadi.

Bu tun na onaning, na farzandning koʻziga uyqu ilindi.

«Endi nima boʻladi?»

Ona-bola shu savolga javob izlashardi. Yuzaki qaralganda savol oddiy, uni yuzaga keltirgan voqea ham oddiy. Fojia chiqarishga asos yoʻqday. Ammo uy toʻrida yotgan mushtiparning yuragi boshqa gap aytadi «Oʻgʻlim bu musibatni koʻtara oladimi? — deydi u. — Shuncha yil aldaganing uchun Xudonnig qahri kelmaydimi? Chin dadasining ahvollari ne kechadi? Akalarini oʻldirganlari rostmi? Ishonmayman, oʻldirganlariga ishonmayman. Unda nima sababdan u kishini qamab qoʻydilar? U kishining tirik ekanlarini, koʻrganlarini nima uchun dadasi mendan yashirdilar? Eri tirik xotinga, taloq xati olmagan xotinga uylanganlaridan qoʻrqdilarmi? Xudoyim shuning uchun jazoladimi? Men-chi? Aldovga ishonib nikohdan oʻtganim gunoh emasmi? Endi nima boʻladi? Oʻgʻlimning chin dadasidan ham ajraymizmi? Bir koʻrib soʻng ajralish uchun bu yerga qaytib edikmi? Yo u kishini asrab qolish mumkinmi? Asrab qolsak nima boʻladi? Men qaysi yuz, qaysi hayo bilan u kishiga koʻrinaman. U kishi menga endi nomahrammi? Nikohlaridan chiqmaganman, ammo boshqaga nikohlanganman. Bu muammoni kim yechib beradi? Asrab qolsak, oʻgʻlim u kishini «otam» deydimi? Demasa-chi?»

Oʻttiz yildan ziyod vaqt mobaynida zardobga toʻlgan yurak beoromligi bu tun etakroqda yotgan oʻgʻliga ham koʻchgan.

«Nimaga mendan yashirib kelishdi? Otasiga mehri yarimta boʻlmasin, deyishdimi? Aka-ukalar yuz koʻrishib bu sirni ochishlari, eson-omonlik bilan yashashlari mumkin edi-ku? Nimaga kelishisholmadi? Ayamni talashishdimi yo menimi? Endi nima boʻladi? U odamni «ota» deymanmi? U odam meni «oʻgʻlim» deydilarmi? Jahongirning ismini aytganimda besaranjom boʻlganlarining sababini endi tushundim. Shu ism u kishiga sirni ayon etdimi? Ayam Jahongirimni boshqalaridan koʻproq suyadilar. Bu bejiz emas ekan-da?..»

Necha-necha koʻngillarning sirlarini muhrlash uchun yaratilgan tun bu safar oʻz ishini qildi: ikki yurakning hasratlarini bagʻriga singdirib, quyosh chiqmay turib, qaysi bir ovloqlarga berkindi.

Mayor Sanjar Solihov marhumning xonadonidagilar sirlari oshkor boʻlgach, halovatlarini yoʻqotishadi, deb taxmin qilgan edi. Bu oilaning asosiy sirni oʻgʻildan yashirib kelganini esa u bilish u yoqda tursin, xayoliga ham keltirmagan edi.

Kecha prokurorning roziligini olib, Jahongirni ozodlikka chiqarib shahar kasalxonasiga yoʻllagach, qotilni yaqin kunlarda qoʻlga olishiga ishonch hosil qildi. «Tuygʻularim meni aldamaydi», deb oʻylardi u. Chindan ham ish nihoyasiga yetay deganda uning yuragi sezardi. Ba’zan yaxshi tush koʻrardi, ba’zan siqilgan yuragi yayray boshlardi. Bu safar ham shunday boʻldi. Ona-bolaning kelishini xush kayfiyat bilan kuta boshladi. Xonasiga Yoʻlchivoyning yolgʻiz kirib kelganini koʻrib, ajablandi.
— Onangiz qanilar? — dedi u norozi ohangda.
— Ayam betoblar. Mendan soʻrayvering soʻraydiganlaringizni.

Solihov Yoʻlchivoyning ovozidagi xastalikni, koʻzlaridagi gʻamni sezib «juda qoʻrqib ketishganga oʻxshaydi-ku?» deb oʻyladi.
— Demak, Siddiq Sharipov otangizning soxta ismi-sharifi. Haqiqiy ismi nima?
— Bilasiz-ku?
— Savolimga aniq javob bering: haqiqiy ismlari nima?
— Olamgir...
— Otalarining ismi?
— Muhammadrizo oʻgʻli.
— Tugʻilgan yerlari?
— Qirqbel qishlogʻi.
— Jahongir Muhammadrizaev kim boʻladi?
— Ukalari.
— Buni nima uchun yashirdilaringiz?
— Men bilmas edim.
— Onangiz-chi?
— Ayam... qizillar urib oʻldirgan, deb eshitgan ekanlar.
— Kimdan eshitganlar?
— Qishloqni yoqqan kishilardan.
— Kim ular?
— Tanimaydilar.
— Dadangiz ukalari haqida hech gapirganmilar?
— Yoʻq.
— Sizga bu qiziq tuyulmayaptimi? Ukalari qizillar qoʻliga tushib qolgan, urib oʻldirildi, degan xabarni eshitganlar. Nahot shahid ketgan ukani shu yillar davomida biron marta ham eslamagan boʻlsalar?

«Sirlarimizni toʻla bilmaydi shekilli bu odam?» deb oʻyladi Yoʻlchivoy.
— Qaytib kelgach esa, — deb soʻzini davom qildi Solihov, — koʻrishib, hatto uyiga taklif qilmaganlar. Aka-ukalarning Daydidarada uchrashishi uchun qanday sabab bor edi?
— Bilmayman.
— Biz Jahongir Muhammadrizaevni ozodlikka chiqardik. U qotil emas. Siz ham qoʻrqmang. Otangiz yigirma ikkinchi yilda jinoyat qilgan boʻlsa-da, sizni ayblamaymiz. Otaning gunohiga farzand javob bermaydi. Toʻgʻrisini ayting: Jahongir Muhammadrizaev shaxsan sizga kim boʻladi? Amakimi yo otami?

Yoʻlchivoy batamom gangidi: roʻbaroʻsidagi odammi yo shaytonmi? Hamma narsani bila turib nechun choʻgʻ ustiga yalangoyoq haydaydi, kuygan yurakni battar kuydiradi? Yoʻlchivoy bu savolga toʻgʻridan-toʻgʻri javob qaytara olmas edi.
— Ha, bilaman, — dedi Solihov gʻolib odamning ovozi bilan, — Jahongir Muhammadrizaev sizning otangiz. Buni sizdan balki yashirishgandir. Bu yerga qaytib kelishni, oʻldi deb oʻylagan odamlari bilan uchrashishni oʻylashmagandir. Yopigʻliq qozon yopigʻligicha qoladi, deb umid qilishgandir. Bular meni qiziqtirmaydi. Men bir narsani bilishim kerak: aka-uka orasida nima gap oʻtgan? Jahongir Muhammadrizaev oʻttiz uch yil qasos umidida yashagan. Peshonasidagi yozuvni bilasizmi? «Alqasosu minal Haq» degan. Kimdan qasos olmoqchi boʻlgan? Buni onangiz bilishlari kerak.
— Ayam bilmaydilar. Kecha gaplashganmiz. Erkaklar ayollariga hamma gapni aytavermaydilar. Dadam... ha, dadam, men kecholmayman u odamdan. Ayamga uylanmaganlarida ham «ota» derdim... Dadam... oʻshanda ukalari bilan masjidga chiqib ketgan ekanlar. Avvalgi xotinlari kirib ayamga «Tez narsalaringizni yigʻishtiring, xorijga oʻtib ketamiz», debdilar. Anchadan keyin dadam yolgʻiz qaytib, «Jahongir bir yumushni bajarib izimizdan yetadi», deb ikki ayolni ergashtirib ketibdilar. Dovonga borishganda «Jahongirni qizillar tutib, kaltaklab oʻldirishdi», degan xabar yetgan. Boʻlgan gap shu.
— Qotillik yuz bergan kuni nima deb ketgan edilar?
— Aytganman-ku?.. Birodarimni yoʻqlayman, deganlar. Oʻttiz yil koʻrishishmagan ekan. Kimligini aytmaganlar. Lekin... oʻsha kuni boshqacharoq edilar.
— Bir oʻzalri ketdilarmi?
— Ha.
— U yoqqa borishlarini kim bilardi? Tanishlari, oʻrtoqlari eshitishmaganmidi?
— Eshitishmagandir.
— Keyingi paytda uyingizga kim koʻproq kelardi?
— E’tibor bermaganman. Eshigimiz hamisha ochiq, dasturxonimiz tuzogʻlik boʻlgan. Mehmondan qochmas edik.
— Harholda, dadangizning yaqinlarini eslang. Ismini, kasbini, turar joyini ayting.
— Rafqat oxun, Tal’at oxun... oshxonada ishlashadi. Koʻkchada turishadi. Midxat aka dorixonada xizmat qiladi, uylari Sebzorda. Murodilla aka doʻxtirlar, bitta mahalladamiz.
— Yanglishmasam... qoʻshni boʻlganlari uchun koʻproq shu Murodilla akangiz kirib turgan boʻlsalar kerak?
— Ha, u kishi tabiblar, qoʻllari yengil. Nima boʻlsa, shu kishiga chopamiz.
— Qashqarda ham yaqin boʻlganmilar?
— Ha, birga kelganmiz.

Mayor Solihov «Buguncha shu ham yetar, siz bilan yana suhbatlashamiz», deb Yoʻlchivoyga ruxsat berdi. Yoʻlchivoy chiqayotganida Jahongir yotgan kasalxonani ma’lum qildi. Soʻng kapitan Ramazonovni yoʻqladi.
— Endi chiqib ketmoqchiydim. Komlev kelibdi. Muhammadrizaev bilan uchrashtiray.
— Kasalxonaga kuzatib qoʻying, ammo oʻzingiz kirmang. Xoli gaplashishsin, — dedi Solihov. — Ularning suhbati bizga foyda bermaydi. Bugun boshqa yangiliklar tasdiqlandi. — Solihov Yoʻlchivoy bilan boʻlgan suhbatni bayon qildi. — Aka-ukani Daydidarag boshlagan sababni yigirma ikkinchi yildan, qishloqqa oʻt qoʻyilgan kundan izlash kerak. Ayollarni olib ketgani Olamgir kelgan. Jahongir-chi? U qaerda edi? Nima uchun ketolmay qoldi? Uni kaltaklashganini koʻrishgan. Demak, qochayotganlarning bir guruhi hali qishloqda boʻlgan. Ular Jahongirni qutqarishga harakat qilishmagan.
— Balki atayin tuzoq qoʻyishgandir? — dedi Ramazonov. — Odamlar Jahongir bilan ovora boʻlib turishganda ular uzoqroqqa borib olishadi. Jahongirni aybdor deb ushlashsa, boshqalarni qidirishmaydi. Balki ota merosga butunlay egalik qilish uchun Olamgirning oʻzi fitna uyushtirgandir.
— Gumoningizda jon bor. Lekin qotillik nima sababdan Daydidarada yuz berdi? Uchinchi odam tasodifan kelib qolganmi yo aka-ukaning orasidagi gapdan xabardor boʻlganmi? Siz Komlevni kuzatib qoʻygach, manavi odamlar bilan qiziqib koʻring, — Solihov shunday deb Yoʻlchivoy aytgan odamlarning roʻyxatini berdi. — Suratlarini oling. Erta-indin yana Qirqbelga chiqib kelaman.

Ramazonov roʻyxatni olib xonasiga qaytdi. Tegishli boʻlinma bilan bogʻlangach, Komlev bilan uchrashishga oshiqdi. Bir qavatli mehmonxona eshigi oldida Sergey Komlev keksaligiga qaramay qaddini tik saqlagan ayol bilan turardi.
— Tanishing, azizim, — dedi Komlev Ramazonovga, — Zinaida Zinovevna. Bu kishining matonatlariga hatto dekabrchilarning xotinlari ham qoyil qolgan boʻlishardi.
— Seryoja, bas qil, — dedi ayol.
— Menday notavonni shuncha yillar sadoqat bilan kutgan xotinimni maqtashga haqqim bormi yo yoʻqmi? Zinaida Jahongirni koʻp eshitgan, ammo koʻrmagan edi. Shu bahonada keldi. Aslida esa... sizlardan xavotirda.
— Seryoja, bas qil, — dedi ayol, bu safar qat’iyroq ohangda.
— Zina, bu oʻrtoq ulardan emas. Urushdan qaytib bu xizmatga oʻtibdi. Bu oʻrtoqning koʻzlari ularnikiga oʻxshamaydi. Koʻzlariga bir qara, Zina.

Ayol erining aytganini qilib, Ramazonovga tik qaradi. Shunda Ramazonov uning koʻzlarida ma’yuslik koʻlankasini sezdi. Bir paytlar chiroyli boʻlgan, kulib turgan koʻzlarda endi shodlik uchqunlari soʻngan. Ayriliq yillari har qanday uchqunni soʻndirishga qodir. Ramazonov urushdan qaytgan kuni xotinining koʻzlariga qarab buni anglagan. Erining ajdaho ogʻzidan tirik qaytishiga bir ishonib, bir ishonmay toʻrt yil kutgan xotin koʻzlariga ma’yuslik umrbod parda tashlaganday edi. Xotini hozir kulib, yayrab, yashnasa ham koʻzida uchqun sezilmaydi. Ayriliq bu ayol qaddini bukolmabdi, biroq koʻzidagi choʻgʻni oʻchira olibdi...
— Demak, men oshnam bilan nima haqda gaplashishim kerak? — dedi Komlev.
— Istaganingizcha gaplashing. Men sizlarni shifoxonaga kuzatib qoʻyamanu qaytaman. U oʻzini qotil qilib koʻrsatmoqchi edi. Qoʻlimizdagi dalillar uning bu da’vosini rad etadi. Biz bahonada eski oshnalarni uchrashtirib qoʻyyapmiz. Sizdan iltimosim, lozim topsangiz, gap orsida xotini bilan oʻgʻli tirik ekanini aytib qoʻying.
— Rost gapmi shu axir?
— Ha, rost.
— Zina, eshityapsanmi? Ular bizni shunchaki uchrashtirishyapti. Biz shunchaki bir gapni aytib qoʻyishimiz kerak. Kel oʻzimizni goʻllikkka solib, ishonaylik bu oʻrtoqqa. Bular ishlarini zimdan qilaverishsin. Qani, ketdik.
— Sergey Vasilevich, — dedi Ramazonov keta turib, — sizga bir savolim bor?
— Zina, bekor kelmabmiz, harholda savollari bor ekan. Soʻrang, azizim.
— Raqiblaringizni yancha oldingizmi?
— O, militsiya bu tomonga ham qiziqadimi? Raqiblarim, azizim, osongina jon beradigan toifa emas. Ularning boshiga gurzi bilan bir ursangiz yerga kirib ketadi, yanchib tashladim, deb oʻylaysiz. Lekin oradan sal oʻtmay qarasangiz, yana yashnab turibdi-da! Ular chopsa-chopilmaydigan, oʻtda yonmaydigan bandalar. Ha, Xudoning sevgan bandalari. Ular oʻttiz yettida omon qolishdi, urushga borishmadi, urushdan keyin ham moʻylovning qahriga uchrashmadi. Qalay, bularni endi yanchib boʻlarmikin?
— Oʻzingiz yanchaman, deganingizga soʻradim-da.

  

— Yanchish — mening istagim. Oʻlmas Kashcheyni eshitganmisiz? Ha, balli, uning joni qutichada saqlanadi. Quticha esa uzoq bir orolda. Bularning joni ham qutichada, quticha esa homiylarning poʻlat sandigʻida. Homiylari esa qaerda turishini bilasiz. Homiylar yanchilmaguncha bularni birnima qilib boʻlmaydi. Azizim, e’lon qilingan erkinliklarni u homiylar boʻgʻishga qodirlar. Lekin bir kunmas bir kun yanchiladilar, bunga ishonaman!

Komlev vaqti ado boʻlib qolishidan qoʻrqqandek tez gapirardi. Xotini bir necha marta «bas qil», deyishiga qaramay, fikrini toʻla bayon qilmaguncha gapdan toʻxtamadi.

Ramazonov shifoxonaga kirib, navbatchiga oʻzini tanishtirgach, maqsadini bildirdi, Komlevni tanishtirdi-da, xayrlashib iziga qaytdi.

Qamoqxona shifoxonasidan chiqarilib bu yerga kelib qolganidan, vrachlarning mehribonligidan ajablanib yotgan Jahongir ostonada tanish chehrani koʻrib, avval koʻzlariga ishonmadi. Qaddini koʻtarayotganda Komlev tez-tez yurib kelib, uni yelkasidan ushladi:
— Qimirlama, azizim, qimirlama, ahvolingni aytishdi. Buni qara, jonimiz qattiq ekan, oʻlmay yurib, oxiri koʻrishdik-a! Zina, kiraver. Ana, kennoyingni olib keldim. Oʻshanda tanishtirishga ulgurmovdim.

Ayol jilmayib, bosh irgʻab salomlashdi.
— Men bugun sen bilan koʻp gaplashmayman. Shaharda besh-oʻn kun boʻlamiz, oldingga yana kelamiz, obdan suhbatlashamiz.
— Sizni bu yerga milisadagilar olib kelishdimi?
— Ha. Buning nimasiga ajablanasan?
— Soʻrashsa ayting, qahri qattiq edi, odam oʻldirishdan toymas edi, deng. Muzliklarda hech kimga bildirmasdan uch-toʻrttasini gumdon qilgan, deng.
— Bekor aytibsan! — Komlev oʻrnidan shart turib ketdi. — Bekor aytibsan, eshitdingmi?!
— Oʻsha odamni oʻldirganimga ular ishonishlari kerak. Hamma ishonishi kerak. Shunda koʻzim ochiq ketmaydi.
— Bekor aytibsan! — dedi yana Komlev. — Shuncha yil birovlar taqagan ayb bilan umrimiz sovurildi. Hech boʻlmasa, birov chaqirgan ajal bilan ketmaylik. Odamlardek yashash nasib etmadi, odamlardek oʻlaylik! — Komlev birdan jimib unga savol nazari bilan tikilib qoldi. — Menga qara, senga aytishmadimi?
— Nimani?
— Avvalo sening da’volaring oʻtmabdi. Qotilning iziga tushishganga oʻxshaydi. Keyin... xotining bilan bolangdan xabar bormish shekilli?

Bu gapni eshitib, Jahongir koʻzlarini chirt yumib oldi. Ingrab yubormaslik uchun lablarini qimtidi. Komlev «nima qilamiz?» degan ma’noda xotiniga qaradi. Ayol sekin burilib, eshik tomon yurdi.
— Oʻzingni bos, Jahon, bir kun boʻlsa ham yaxshi kunning toza havosidan nafas olishimiz shart. Bunga haqqimiz bor. «Alqasosu minal Haq»ingni unut. Men oʻgʻlingni topib, gaplashaman.

Bu gapdan keyin Jahongir oʻzini tutolmay yigʻlab yubordi.
— Kerak emas... Kerak emas... Istamayman koʻrishni... Men... gunohkorman...
— Bekor aytibsan! Gunohkor emassan! Oʻzingni qiynama, men ketdim. Qariganim sayin ishim koʻpayayapti.

Komlev shunday deb birodarining yuzini silab qoʻygach, oʻrnidan turdi. Jahongirning mijjalaridan yosh sizib chiqqanini koʻrib bosh chayqab qoʻydi-da, ostonada paydo boʻlgan vrachga minnatdorlik bildirib, dahlizga oʻtdi.

Jahongir bilak tomiriga sanchilgan em ignasiga ham parvo qilmadi. Doʻxtirning gaplarini ham eshitmadi hisob. Uning koʻz oldida milisaxonada farzandlari ismini aytayotgan yigit yana gavdalandi. «Jahongir...» degan ovoz aks-sado berib jaranglayverdi. «Oʻsha mening oʻgʻlimmi?» degan savol minginchi (balki oʻn minginchi) marta xayolini zabt etdi. Tushlariga kiruvchi doʻmboqcha shunday norgʻul yigitga aylanganmi? U oʻzi bilmagan holda buva boʻlganmi? «Buvamishman men... bolamni bir marta bagʻrimga bosmasam, nabiralarimni koʻrmasam... Shunday kunni orzu qilib edimmi? Akam nima uchun yashirdilar buni mendan. Qoʻrqdilarmi? Toʻgʻrisini aytsalar gunohlaridan kechib yuborar edim-ku?..» Bu fikr mudarris — Nizom qorovulning vasiyatini eslatdi: «Ollohning vasliga yetmoq istasangiz qarshingizda gunohga botganlarning gunohidan keching. Zinhor kek saqlamang. Uzoq vaqt kek saqlab, avf etmay kelganingiz uchun gunohkordan avval uzr soʻrang, soʻngra gunohidan oʻting...» Jahongir bu vasiyatni toʻla amalga oshirolmasligini bilardi. Toʻgʻri, u koʻp odamning gunohidan oʻtdi. Ammo bir kishini — akasini avf eta olmasdi. Orada ota ruhini qoʻyib ichilgan qasam bor edi. U qasamga xiyonat qila olmas edi. Oʻshanda buni mudarrisga ayta olmadi. Aytsa mudarris — Nizom qorovul balki boshqa fatvo toparmidi...

Jahongir xotini, oʻgʻli bilan uchrashuvni yillab orzu qilgan, qoʻmsagan edi. Endi, yuragi aldamagani aniq boʻlgach, bu uchrashuvdan qoʻrqa boshladi. «Endi nima boʻladi?» Ongi shu savolga javob topishga ojiz edi. Zohiran oson tuyulgan bu savol esa tegirmon toshi boʻlib a’zoi badanlarini ezardi. Shu xayollar bilan andarmon boʻlib, Daydidaradagi fojia ham biroz xira parda ortiga oʻtdi. Daydidarani eslaganida hatto «gapimdan tonsammikin», degan fikr ham uygʻondi. Biroq, «Endi gapingga kim ishonardi. Qotilni topisholmay, noiloj, ishingni sudga oshirishadi. Sudning hukmi esa aniq», degan xulosa bu fikrni sindirdi.

Jahongir biri tugʻilib, biri oʻlayotgan fikrlar toʻrida oʻralib yotganida Komlevning ovozini eshitib, koʻzini ochdi. Uch-toʻrt kun keyin kelaman, degan odam ertasigayoq paydo boʻlibdi. Qoʻlida qogʻoz xalta.
— Qalay, omonmisan? — dedi u kursiga oʻtirib. — Kecha Zinadan baloga qoldim. Kasal koʻrgani quruq bordik, deb menga dashnom berdi. Bugun bozorga kirdim. Bogʻbonlarga balli-e, manavi uzumni koʻr! Asraganini qara, — u shunday deb xaltadan bir bosh husayni uzum chiqardi. — Uzummas, oltin-ku! Ogʻzingni och, — u shunday deb uzum donasini uzib, Jahongirning ogʻziga soldi. — Manavi nokni koʻr! Qanday saqlashadi, hayronman.

Komlev olib kelgan narsalarini maqtab boʻlgach, boshqa gapga oʻtdi.
— Barvaqt turib sen oʻqigan madrasaga bordim. Mudarrisingning qorovulxonasi yoʻq, madrasa yamoqchilarning arteli boʻlibdi.
— Bilaman, — dedi Jahongir.
— Buni-ku, bilasan, lekin ularga yamoqchi zarurroqmi yo ilm, buni bilmaysan! Oʻsha yerda turib soʻnggi uchrashuvimizni esladim. U yoqda ham yodimga kelardi. Mudarrising buyuk odam edi. Afsus... men u bilan bir oygina hamsuhbat boʻlganimda edi... Qancha bilimlarni oʻzi bilan olib ketdi-ya! U olamdan oʻtganida qaerda eding?
— Yonlarida edim, qoʻlimda jon berdilar.
— Oʻlib qutulibdi bechora. Boʻlmasa izimga tushganlar uni ham tortishardi.
— Kelishgan edi. Jon talvasasida yotganlarini koʻrib, kutib turishdi. Yarim tunda uzildilar, meni tongda olib ketishdi. Oʻzim yuvib-taragunimcha indashmadi, shunisiga shukr dedim.
— Men tergovdagi gaplaringni bilaman, mudarris bilan suhbatlarimizni aytmabsan. Aytib, meni yomonlab chiqib ketsang ham boʻlardi. Chunki mening taqdirim sening gapingsiz hal qilingan edi.
— Siz... oʻylab gapiryapsizmi? Qoʻlingdan qotillik kelmaydi, deysiz-u, xoinlik qilishimga ishonasizmi?
— Men unday deganim yoʻq. Xayolimga shunaqa gap kelsa, bu yerda oʻtirmasdim, meni bilasan. Sen oʻshanda qorovulxonadagi kitoblarni nima qilgansan?
— Olib ketishgan.
— E-eh! — Komlev shunday deb qoʻl siltadi. — Orasida nodir nusxa kitoblar bor edi-ya! Odamlardan qoʻrqishar ekan, qafasga solishdi. Kitoblarda nima gunoh? Balki eng soʻnggi nusxadagi nodir kitoblarni ham yoʻq qilishgandir? Bu nima degan gap, bilasanmi? Bilmaysan! Bu tarixdagi yillar oʻtda qovjiradi, demak! Qovjiragan yillarni hech kim tiklay olmaydi!

Komlev karavotda xasta odam yotganini unutib, yonib gapirardi. Madrasada yamoqchilarni koʻrib uygʻongan nafrati endi avjga chiqqan edi.
— Amir Temur ayrim ellarni bosgan, toʻgʻri. U shoh edi, shunga majbur edi, elini ma’mur qilmogʻi lozim edi. Dunyodagi hamma shohlar bosgan, talagan. Lekin.. ana shu lekinga e’tibor ber: lekin u buyuk madaniyatga poydevor qoʻyib ketgan. Boshqa shohlarda bunday yodgorlik yoʻq. Xoʻsh, nima uchun undan yuz oʻgirishimiz kerak? Xoʻsh, nima uchun u haqdagi kitoblarni yoqishimiz yo yerga koʻmishimiz kerak? Javob ber!
— Buni ulardan soʻrang.
— Men seni, azizim, qotillikda ham, xoinlikda ham ayblamayman. Ammo loqaydlikda ayblayman! Ha, bunga haqqim bor. Sen bilib qoʻy: loqaydlik — qotillikdan ham, xoinlikdan ham yomon. Sen va senga oʻxshaganlarning loqaydligi tufayli tarix kulga botib yotibdi.

Komlev ovozini baralla qoʻyib gapirayotgani uchun doʻxtir kirib tomoq qirib qoʻydi. Komlev chegaradan chiqqanini bilib, yengil yoʻtalib oldi-da:
— Bir olam ishim bor, men ketdim, — deb oʻrnidan turdi.

Jahongirning nazarida Komlev shamolday kirib, shamolday chiqdi-yu, undagi osoyishta xotiralar gʻuborini koʻtardi.
— Oʻttiz yettinchi yilning kuzagida Grigorich Jahongirning yoʻlga otlanganini koʻrib:
— Bu yilcha bormaganing ma’qulmi, yomon gaplarni koʻp eshityapmiz, — dedi.

Bu yomon gaplarni Jahongir ham eshitardi. Nemis josuslari, xalq dushmanlari haqidagi xabarlar yetib bormagan joy yoʻq edi. «Josuslarga mening nima aloqam bor?» deb oʻyladi Jahongir cholning gapidan ajablanib.

Yurtiga eson-omon yetib keldi. Qishlogʻida, Daminnikida bir kecha tunadi. Qarilik kuchdan qoldirgan mudarrisni yoʻqladi. Uning ahvolini koʻrib, «shu yerda qishlasammikin», deb ham oʻyladi. Mudarris — Nizom qorovul belorus cholning gapini aytdi: «Chetroqda yurganingiz ma’qul». Ustozi bilan xayrlashib bekatga chiqdiyu Komlevni uchratib qoldi. Ilmiy kengashga kelgan qadrdonini tashlab ketolmadi. Iziga qaytdi. Kechqurun mudarrisning qorovulxonasida tongotar gurung qildilar. Komlev ertasi oqshom yana kelmoqchi edi, daragi boʻlmadi. Oʻsha kech mudarrisning ahvoli ogʻirlashdi...

Komlevning izidan odam tushganini, qorovulxonadan chiqib borayotganda hibsga olinganini Jahongir keyinroq, soʻroq paytida fahmladi. «Shu odam oʻzbekni deb qaygʻuryapti, unga jabr boʻlmasin», deb soʻroqni chalgʻitmoqchi edi, bu bilan ayb toʻriga oʻzi chirmab tashlanganini sezmay qoldi.

Olovni kim oʻchiradi?

Komlevning tashrifidan keyin Jahongir xotirasida uygʻongana voqealar, xususan shoir va olim yigitlarning ayanchli taqdirlari haqida hikoya.

Birinchi safar qamalganida «bu ham odam-ku, yana bekorga jabr chekmasin», debmi, harholda uch-toʻrt kun soʻroq qilishgan edi. Guvohlarning bilib-bilmay aytgan soʻzlarini ham eshitishgan edi. Hukmni esa el oldida oʻqishgan edi. Bu safar pachakilashib oʻtirishmadi. Masala birinchi soʻroqdayoq hal boʻldi. Jahongir «xalq dushmani» bilan oshna ekanini, shu oshnachiligi tufayli qamoqda oʻtirishi lozimligini bildi. Lekin qancha oʻylamasin, Komlevning qaysi xalqqa — rus xalqigami yo oʻzbek xalqiga dushman ekanini farqlay olmadi. Qolaversa, oʻzining egri fikrli unsur ekanini ham shu soʻroqda bildi. Lekin qaysi fikrlari toʻgʻri, qaysi birlari egri — ular tushuntirib oʻtirishmadi. Jahongirga birov «Qamoqxonada yotishga joy yoʻq», desa ishonmagan boʻlardi. Oʻz koʻzi bilan koʻrib «Yo, alhazar», deb dong qotdi. «Bularning barchasi unsurmi, barchasi boylarning farzandlarimi?» deb oʻyladi. Qamoqxona eshigi sharaqlab ochilib-yopilib turardi: birov kiradi, birovni olib chiqib ketadilar. U keyingi soʻroqda aytadiganini oʻylab, pishitib oʻtirganida, yarim tunda chaqirdilar. Lekin uni soʻroq qilmadilar, hukmni oʻqib eshittirdilar. Oʻn chogʻli kishini oʻsha tundayoq temir panjarali vagonga bosib joʻnatdilar.

Jahongir avvaliga noxush tush koʻrayotgandek boʻldi: oʻn besh yil avvalgi vagon, oʻn besh yil avvalgi tanish hid... Faqat odamlar boshqa. Yigirma ikkinchi yilda vagon liq toʻla emasdi. Unda odamlar baralla soʻkinaverar edi. Soqchilar kattalarning onalarini «shirin soʻz» bilan tez-tez eslab turishardi. Bu safar vagon odamga toʻla, lekin hech kim yoʻqday. Xuddi yigirma ikkinchi yildagi vagonga asov otlar qamalganu bunisiga yuvosh qoʻylar bosilganday. Avvalgisida oʻzbeklar kam edi. Bunisida asosan oʻzbeklar...

Poezd ilgarilab borgani sayin Jahongirning eti uvishadi. «Yana oʻsha muz oʻlkaga boramanmi, Xudo bir marta omon qaytardi, endi-chi? Zokirxoʻja singari muz qabrga tushamanmi?» degan xayol yuragini kemirardi.

Bir bekatda poezd ancha vaqt toʻxtab qoldi. Qorongʻi tushganda vagon eshigi gʻaldir-gʻuldir qilib ochildi. «Yetib keldik shekilli», deb oʻyladi Jahongir. Boshqalar ham shu fikrga kelib, hamma buyruqni kutmayoq oʻrnidan turdi. Ofitser qoʻlidagi roʻyxatni qoʻlchiroq yorugʻiga tutib, oʻnta odamni chaqirdi. Nomi chiqqanlar vagondan pastga sakrab tushib, oʻzlarini bir onda soqchilar qurshovida koʻrishdi. Ularni olib ketishgach, boshqalar «bizni ham chaqirarmikin», degan oʻyda qotib turaverishdi. Vagon eshigi yopilmadi, ularni chaqirishmadi. Ofitser qoʻlidagi roʻyxatni choʻntagiga solib nimanidir kutib qaqqayib turaverdi.

Kutish jonga tegdimi, vagondagi dadilroq bir yigit ofitserga qarab dedi:
— Oʻrtoq, qaerga keldik?

Ofitser javob bermadi.
— Hoy, oʻrtoq, qaerga keldik, deb soʻrayapman?
— Men senga oʻrtoq emasman, jim boʻl, gapirish mumkin emas.
— «Oʻrtoq», deb boʻlmasa, «janob», deb boʻlmasa, «taqsir», deb boʻlmasa... Menga qarang... bizni qachon tushunasizlar, axir bitga yem boʻlib ketdik-ku?
— Battar boʻllaring! Ovozingni oʻchir! — dedi ofitser gʻazab bilan.
— Bizni xalq dushmani deyapsiz, — dedi yigit ofitserning dagʻdagʻasini eshitmaganday, — unda bitlar nima boʻladi? Bizning qonimizni soʻrib ular ham dushmanga aylanib qoladi-ku? Ularni qanday ushlab, qaerga qamaysizlar?

Asablari tarang tortilib turgan mahbuslar bu gapdan kula boshladilar. Bu kulgida shodlikdan asar ham yoʻq, balki zahar zohir edi. Achchiq, ayanchli kulgi ofitserning badan-badaniga sanchilib, vagonga yaqinlashdi.
— Qani, bitliqi, bu yoqqa tush-chi! — deb dagʻdagʻa qildi.

Gapirgan yigit oʻzini vagon ichkarisiga oldi. Aytilgan piching gapdan soʻng boshlangan kulgining adogʻi yoʻqday edi. Mahbuslar xuddi kelishib olishganday, ofitserga qarab kular edilar. Ularning bundan boʻlak choralari yoʻq: bu sharoitda yo kulishlari, yo yigʻlashlari, yo nafratlarini ichlariga yutib taqdir oʻyiniga boʻyin berishlari mumkin. Gapirishga qoʻrqadilar. Tish hatlagan birgina nojoʻya soʻz ularni qamoqqa tiqdi. Ikkinchi nojoʻya soʻz goʻrga tiqishi aniqligini biladilar. Shu uchun tillari tish hatlamaydi. Hozir butun gʻazablarini shu zoʻraki kulgi bilan izhor etardilar. Ofitser doʻq-poʻpisa bilan ish bitirolmasligini bilgach, soqchilarga «eshikni yop!» deb buyurdi. Bahaybat eshik yana gʻaldir-gʻuldir bilan urilib yopildi. Shu bilan kulgi ham oʻchdi. Dam oʻtmay eshik yana ochildi. Bu safar ofitser yonida oʻn beshga yaqin mahbus turar edi. Ofitser roʻyxatni yana qoʻlchiroq yorugʻiga tutib mahbuslarni nomma-non chaqirdi. Shu zayl-da pastdagi mahbuslar bir-bir vagonga chiqa boshladilar.

Poezd yana ikki joyda toʻxtab, mahbuslar «ayir-bosh qilindilar». Uchinchi toʻxtaganda barchani tushirdilar. Oʻrmon yoqasidagi yalanglikda, qor ustida, izgʻirin qurshovida uzoq turib qoldilar. Qayta-qayta tekshiruvdan oʻtishgach, turnaqator tizilib, oʻrmon oralab yurdilar. Bir zum toʻxtab, nafas rostlashga ham imkon bermadilar. Mahbuslarning ham, soqchilarning ham sillasi qurib, adoyi tamom boʻlishsa-da, toʻxtashga ruxsat berilmadi. Nihoyat, shom qorongʻusida oʻrmon bagʻridan qutulib chiqishdi. Chiqishdi-yu, yalanglikda jinniligi tutib, bevoshlik qilayotgan shamolga yoʻliqishdi. Bir chaqirim narida uylar qorayib turardi. Uylar atrofida qaqqaygan yogʻoch minoralar bu yer odam yashaydigan qishloq emas, balki qamoqxona ekanidan dalolat berar edi. Kun boʻyi oʻrmon oralab yurganlari holva ekan, yalanglikda, izgʻirin hukmida bir chaqirim yoʻl bosgunlaricha tamoman holdan toydilar. Ayrim nimjonroq mahbuslar tikonli simdevorlarga yetib borolmay yiqildilar. Jahongirning oldida chayqalib borayotgan mahbus ham xuddi oʻroq bilan oʻrilganday yuztuban tushdi. Jahongir yonidagi yigit bilan uni koʻtarib, qoʻltigʻiga kirdi-da, yuzlaridagi qorni sidirib tushirdi.

Mahbuslar roʻyxat boʻyicha yogʻoch uylarga boʻlingunlaricha yana allaqancha fursat oʻtdi. Jahongir yiqilgan yigitning yuzlarini qor bilan ishqaladi. Yigit avvaliga ogʻriqni sezmadi, soʻng ojiz ingradi. Yuzlariga sal jon kirdi.

Jahongir safda yonma-yon kelayotgan odamlar bilan bir uyga tushdi. Yiqilib qolgan yigitni pechga yaqinroq yogʻoch karavotga yotqizishdi. Pech yoqilmagan edi, shunday boʻlsa-da, izgʻirindan qutulgan mahbuslarga uy ichi jonga rohat beruvchi issiqday tuyuldi. Jahongir yigitning qoʻl-oyoqlarini ishqalayotganda soqchi kirib uni chaqirdi. Xonadagilar ham, Jahongirning oʻzi ham bundan ajablanishdi. Soqchi uni darvoza yonidagi kichikroq uyga boshlab bordi. Uy ichi nihoyatda issiq, choʻyan pech ustidagi choynakda suv qaynab turardi.
— Muhammadrizaev senmisan? — dedi ofitser unga sinovchan tikilib.
— Menman, — dedi Jahongir.
— Nimaga qamalganingni bilasanmi?
— Bilmayman.
— Xalq dushmanlariga homiylik qilgansan. Oʻzing ham davlatga qarshi ishlar bilan shugʻullangansan.
— Men halol xizmatim bilan kun koʻrganman, siyosatga aralashmaganman.
— Gapni bas qil! — dedi ofitser stolni shapatilab. — Bu yerdan eson-omon chiqish oʻzingga bogʻliq. Biz senga ishonch bildirmoqchimiz. Ishonchimizni oqlasang barvaqtroq qutulib ketishing ham mumkin. Sen unsur emassan. Adashgansan. Adashganlar tavba qilsa, toʻgʻri yoʻlga tushsa — xalq kechiradi. Sen shu marhamatga erishishing kerak. Seni biz toʻrtinchi barakka oqsoqol qilib tayinlaymiz. Odamlarga qaraysan, vaqtida ishga olib chiqasan, loʻttibozlikka yoʻl qoʻymaysan, ayyorlarni jazolaysan. Agar birortasi qochmoqchi boʻlganini sezsang, darrov bizga ma’lum qilasan. Atrofingdagi siyosatchilar darrov biron tashkilot tuzishga harakat qilishadi. Ularni ham kuzatasan, ma’qulmi?

Jahongir taklif etilayotgan ishning nimaligini yaxshi biladi. Turmadagi oqsoqol — barchaning nafratiga qolib yashaydigan odam. Qorni boshqalardan koʻra toʻqroq, tirik qolish imkonini ham boshqalardan koʻra koʻprogʻu, lekin har kuni yuzlab koʻzlarning nafrat bilan boqishiga chidab yashash mumkinmi? Jahongir hozir oʻsha nigohlarni koʻrib turganday edi.
— Bu ishni eplay olmayman. El qatori ishlaganim ma’qul. Josuslik qilish qoʻlimdan kelmaydi, bizning urugʻdan xoin chiqmagan, — dedi u dangal.

Ofitser undan bu darajadagi dadillikni kutmagan edi.
— Sen hali buni xoinlik deb tushunasanmi? — u oʻrnidan turib Jahongirga yaqinlashdi-da, gʻazab bilan tikildi. — Urugʻingdan xoin chiqmaganmi? — U shunday deb Jahongirning qorniga musht urdi. Jahongir kutilmagan zarbdan bukchaydi. Yana musht tushib qolar yoki tepki yerman, deb oʻylagan edi, hartugur ofitserga insof berdimi, boshqa urmadi. Joyiga borib oʻtirdi.
— Feofanov! — deb baqirdi oʻtirgan joyidan. Ostonada Jahongirni boshlab kelgan soqchi paydo boʻldi. — Ertalabgacha tindirmasdan itday ishlat. Bu yerda ishlash qanaqaligini bilib qoʻysin.

Askar yigit Jahongirga yarim tungacha oʻtin yordirdi. Keyin soqchining buyrugʻi bilan Jahongir bir quchoq oʻtinni olib barakka qaytdi. Tashqarida ishlab qizigani uchun Jahongirga uy sovuq tuyuldi. Askar yigitdan gugurt olib pechni yoqdi. Hoʻl oʻtin tutay-tutay oxiri yondi. Yoʻlda yiqilgan yigit bukchayib yotib, betoʻxtov yoʻtalardi. Uning yonida yotgan yigit boshini koʻtarib, Jahongirga qaradi:
— Nimaga chaqirishibdi?
— Oʻtin yordirgani, — dedi Jahongir gapni qisqa qilib.
— Aytgingiz kelmasa, aytmang, lekin yolgʻon gapirmang. Biz bu badbaxt yerlarga yolgʻon tufayli keldik. Oʻzimiz ham yolgʻonga suyanib yashasak... oʻlganimiz yaxshi...

Yigitning ovozi titradi. Jahongir unga qaradi: qorongʻida uning koʻzlari koʻrinmadi.
— Oʻtin yorganim yolgʻon emas, rost. Boshliq shu uyga oqsoqol boʻlasan devdi, urugʻimizdan xoin chiqmagan, deb baloga qoldim.
— Oqsoqollikka nima uchun sizni tanlashibdi?
— Bilmadim... Harholda men avval oʻtirganman. Shuni hisobga olishgandir.
— Nimaga qamalgansiz?
— Meni qamashayotganda ham bunchalik koʻp savol soʻrashmagan.

Yigit oʻrnidan turib pechga oʻtin qalayotgan Jahongirning yoniga kelib, choʻnqayib oʻtirdi.
— Ayting, qaerliksiz, otangiz kim edi, balki tanirman?
— Qirqbel degan qishloqdanman, otamning ismi Muhammadrizo.
— Muhammadrizo? Siz Shayxotadagi Toʻxtasin kosibni eshitganmisiz?
— Ha.
— Men oʻsha Toʻxtasin kosibning oʻgʻillariman. Dadangiz biznikiga kelganlar. Oʻshanda yosh bola boʻlsam ham esimda: kalta soqol, baquvvat kishi edilar.
— Sizni nimaga qamashdi?
— E, aka, peshona shoʻr ekan-da. Men Olmoniyada oʻqir edim. Bir guruh yoshlar «Xorijda ilm olmay turib millatni uygʻotib boʻlmaydi», deb Berlin degan shaharga oʻqishga borib edik. Safimizda qizlar ham bor edi. Oʻqib, tahsilni tugatar chogʻimizda toʻsatdan yurtga chaqirdilar. Oliy maktablarga ishga qoʻydilar. Keyin... bitta-bitta terdilar. Men beshinchisiman. Bizning ishimiz chatoq, aka. Nemis josusi, deb ayb qoʻyishgan. Otilmay qolganimga shukr qilib edim. Bu doʻzaxdan qutulishimga koʻzim yetmay qolyapti.
— Bu yer doʻzax emas, — dedi Jahongir, — doʻzaxda yonasiz. Bu yerda muzlaysiz. Tirik qolaman, desangiz qimirlab turing.
— Siz oqsoqollikka koʻna qoling.
— Nimaga?
— Yaxshi odamga oʻxshaysiz. Otalarimiz doʻst edi, biz ham ogʻa-ini boʻlib ketarmiz.
— Ismingiz nima?
— Tolibjon.
— Tolibjon, inim, oqsoqol boʻlsam har kuni bu yerdagilarning ming-ming la’natini eshitib yashayman. Sizlarni ishlashga majburlayman, gaplaringizni ularga yetkazib, xoinlik qilaman.
— Siz unday qilmang-da, goʻyo ularga jon-dildan xizmatda boʻlaverasiz-u, aslida bizlarga qayishasiz.
— Yoʻq, Tolibjon inim, bunaqa nomardlik menga toʻgʻri kelmaydi. Hozirginada «Yolgʻonga suyanib yashamaylik», deganingizda quvongan edim, bu gaplaringizga qoyil emasman.
— Aka, aybga buyurmang, sizni xafa qilish niyatim yoʻq edi. Menga emas... aqalli manaviga oʻxshagan xastalarga koʻmagingiz tegarmidi, deb edim.

Jahongir javob qaytarmadi. Bir qaraganda Tolibjonning gaplarida jon bor. Bir uy odamdan bitta insofsiz topilib oqsoqol boʻlib olsa, hammaning shoʻri quriydi. Jahongir bu sovuq, bu mehnat azoblaridan qoʻrqmaydi. Agar Xudo bir xastalik yoki bir falokat yuborib jonini olmasa, sovuq yoki mehnat azobi bilan omonatini ololmaydi. Lekin bu bechoralarga qiyin. Egilib mehnat qilmagan, kitobdan boshqa narsani bilmaydigan boʻlib koʻringan bu yigitlar boshiga Zokirxoʻjaning kuni tushishi mumkin. «Uxlamay, dam olmay bularning ishini qilishim mumkin, ammo iymonimni bulgʻay olmayman», deb oʻyladi Jahongir.

Tolibjon peshonasida yozuvi bor, yuzi hamisha tund bu odamga tushuna olmadi. Shuncha kun birga yoʻl yurib, odamga oʻxshab gaplashib oʻtirganini koʻrmadi. Hatto birinchi toʻxtashda ofitserni mazax qilishganda ham u kulmadi. Tolibjon ofitserning dagʻdagʻasidan qoʻrqib, oʻzini ichkari olayotganida shu Jahongirning panasiga oʻtgan, gavdali bu odamning miq etmay turishidan ajablangan edi. Hozirgi gapidan yana bir karra taajjublandi. «Qoʻrqyaptimi? Nimadan qoʻrqyapti? Iymonining bulgʻanishidanmi? Nahot bu zamonda iymonni oʻylaydigan odamlar qolgan boʻlsa? Nahot koʻrinishi kallakesarni eslatuvchi bu odam iymon, vijdon, nomus degan tushunchalarni qadrlasa? Bizni tuhmat chodiriga oʻrab berganlarda zigʻircha nomus, vijdon, iymon bormi edi? Bizdan-ku, qutuldilar. Shu yigitlar, qizlar juvonmarg ketishdi, deb yuraklari hech boʻlmasa bir martagina jizilladimi ekan? Xudodan kechdilar, iymondan yuz oʻgirdilar, vijdonga tupurdilar, nomusni bulgʻadilar... Shunday zamonda bu odamning qamoqda oʻtirib olib, nomusdan gapirishi... Qiziq... Men ham oʻzimni nomusli deyman. Lekin meni oqsoqol qilib tayinlashsa... inkor eta olmasdim. Bu nomussizlikka kirmaydi. Nomardlarga qarshi ularning oʻz qurollari bilan kurashish kerak!».

Tolibjon shu qarorga keldi, ammo fikrini ochiq aytmadi.

Ularni tong qorongʻusida uygʻotdilar. Jahongir boshliq yana chaqirarmikin, deb oʻyladi. Ammo uni yoʻqlashmadi. Nonushtadan keyin labi tirtiq bir davangirni oqsoqol deb tanishtirishdi. Oqsoqol «turinglar!» deb qichqirdi. Barcha oʻrnidan turgach, hiringlab turib dedi:
— Qani, ziyolivachcha safsatabozlar, bir ter toʻklaring-chi endi!

Bu gapni eshitib Jahongir beixtiyor Tolibjonga qaradi. «Ana koʻrdingizmi, kunimiz kimga qoldi», derdi Tolibjonning koʻzlari. Tuni bilan yoʻtalib chiqqan, ozgʻin yigitning koʻzida ham afsus bor edi.

Oqsoqolning buyrugʻi bilan tashqariga chiqib bolta, arra olishdi. Vazifa daraxt kesish ekan.
— Omadlaring bor ekan, — dedi Jahongir yigitlarga, — muz chopib yer oʻymaganlaringga shukr qilaveringlar.

Ozgʻin yigitni yana yoʻtal tutib, bukchayib qoldi. Tomogʻini qirib tupurgan edi, qor qizardi. Jahongir Tolibjonga qarab bosh chayqadi-da, oqsoqol tomon yurdi.
— Qon tupuryapti, ahvoli chatoq, — dedi ozgʻin yigitni koʻrsatib.

Oqsoqol qoʻl siltadi:
— Ajali yetsa oʻladi, yetmasa oʻlmaydi, ishing boʻlmasin.

Jahongir unga tushuntirish ortiqchaligini anglab, afsus bilan iziga qaytdi. Ozgʻin yigit yuzini oq qayinga qoʻyib jim turardi. Mahbuslar buyruqni ikki qilmay ishga kirishishgach, dastlabki daraxtlar qarsillab yiqilib, qorni toʻzita boshlagan edi.
— Islomxon inim, kechgacha chidang, barakka qaytsak, boshliqqa kiramiz. Sizga yengilroq ish berishadi.

Ozgʻin yigit — Islomxon yuzini daraxtdan olib, Jahongirga qaradi. Uning koʻzlari yoshlanib borar edi. Jahongir «yigit oʻz taqdiriga kuyib ketyapti», deb oʻyladi.
— Taqdirga tan bermay ilojimiz yoʻq. Bu kunlar ham oʻtar-ketar, — deb tasalli bermoqchi boʻldi.
— Taqdir deysizmi?.. — Islomxon shunday deb xoʻrsindi.

«Kim oʻlar holatga yetsa, ul bilur jon qadrini» deganlaridek, Islomxon ozodlik qadriga qamoqqa tushib yetgan edi. Sassiq vagonda kela kelguncha erkinlikni, baxtni, muhabbatni ulugʻlab yozgan she’rlarini eslab, avvaliga oʻzidan oʻzi uyaldi. Keyin oʻziga nisbatan boʻlgan nafrati orta bordi. Hozir kesilayotgan daraxtlarga qarab, yuragi ezildi. Kokillarini tarab, ma’yus turgan oq badan kelinchakni eslatuvchi oq qayin uning koʻziga goʻzallik ramzi boʻlib koʻrindi. Mahbuslar uning nazarida daraxtga emas, olam goʻzalligiga bolta urar edilar, daraxt emas, goʻzallik oh urib yiqilardi. Nazarida ozodlikda odamlara boshiga ham shunday kun tushgan. Kesilgan daraxtlar oʻrniga nihol ekilsa oʻrmon oʻrni toʻlar, ammo bevaqt, nojoʻya qirqilgan odamlar oʻrni qachon toʻlarkin?

Islomxon yoʻlda kela turib xayolida tugʻilgan satrlarni tiliga koʻchirdi:

Qoʻnma bulbul, qoʻnma bulbul,

Mozor toshiga.

Nalar keldi, nalar keldi,

Yurtim boshiga...

Pichirlab aytilgan bu satrlarni Jahongir eshitdi.
— Siz... shoirmisiz, inim? — dedi Jahongir biroz ajablanib. Islomxon uning savolidagi bu taajjubni sezdi.
— Hayron boʻlyapsizmi? — dedi savolga savol bilan.
— Shoirlarni ham qamarlar, deb oʻylamagan edim. Qadimda xonlar durust madh etmagan shoirlarni jazolar ekanlar. Men shoirlar hayotidan yiroqman, Vatandan ham yiroqda edim, balki adashgandirman. Mening chamamda shoirlar madh etishni oʻrniga qoʻyishayotgan edi.
— Madh etardik... ammo dardimiz ichimizda edi. Choʻlpondan ayirdilar, Qodiriydan judo qildilar. Usmonni haydab ketdilar... Xalqqa kim qoldi? Shayboniyxon zamonida Muhammad Solih degan nuktadon shoir «Boʻldi tanbalga vatan Fargʻona, qildi Fargʻonani tanbalxona», degan ekan. Yurt endi tanbalxonaga aylandimi? Igʻvoxona, tuhmatxonaga aylandimi?
— Nimaga qaqqayib turibsanlar?! Ishlalaring!

Labi tirtiq oqsoqolning baqirigʻi Islomxonni xayol dunyosidan qaytardi.
— Ishlaymiz, xoʻjayin, ishlash uchun kelganimiz bu yerlarga, — dedi Islomxon ma’yuslik bilan, keyin mahzun jilmaydi, — daraxt kesish nima ekan, olamni ostin-ustun qil, desangiz ham qaytmaymiz.
— Olam sensiz ham ostin-ustun boʻladi. Sen buyurilgan ishni bajar.

Jahongir oqsoqolni bilagidan ushlab, chetga tortdi.
— Menga qara, oqsoqol, — dedi u tahdidli ohangda, — men siyosatchilardan emasman. Pachakilashib oʻtirmayman. Sibirning muzliklaridan tirik qaytgan odamman. Sendan beshbattarlarni koʻrganman. Bu yigit bilan anavisi, — u yiqilgan daraxtni butayotgan Tolibjonni koʻrsatdi, — menga tegishli odamlar, ularga osilma. Har qancha gaping boʻlsa, menga aytaver.

Oqsoqol bu gapga javob beraman, deb ogʻiz juftladi-yu, «Buning peshonasiga bekor yozilmagandir, kel, shu bilan teskari boʻlmay», deb fikridan qaytdi.
— Men daraxt kesa olmayman, — dedi Islomxon Jahongirga. — Otib tashlashsa ham kesmayman.
— Unda yiqilganlarni butang. Men Tolibjon bilan arra tortaman, — dedi Jahongir.

Tolibjonning arra tortishga uquvi yoʻq ekan. Jahongirni obdon holdan toydirdi. Peshinda tuzlangan karam solib pishirilgan iliq shoʻrva ham totli tuyuldi. Koʻzini bir nuqtaga tikib olgan Islomxon esa tunuka tovoqni yarimlatmadi ham.
— Islomxon, koʻp oʻylamang, qarib qolasiz, — dedi Tolibjon hazil ohangida. — Hali biz bu yerdan chiqib uylanishimiz kerak. Oʻzimizni oʻzimiz qaritsak, qaysi qiz qaraydi bizga.

Islomxon doʻstiga qarab jilmaydi. Yigirma beshdan oshgan qoraqosh yigit jilmayganida olam chax-chax urib kulishi kerak. Lekin mahkum yigitning hozirgi mahzun jilmayishidan osmon yanada tundlashgandek boʻldi.
— Uylanish dedingizmi? Ha, uylanish kerak... Biz qutulib chiqamiz. Lekin bizni kimlar kutib oladi? Men shuni oʻylayapman.
— Kimlar boʻlardi, gʻazzola qizlar-da, a, Jahongir aka? — dedi Tolibjon ayyorona koʻz qisib.

Uning sa’y-harakati zoe ketdi. Shoirning zada qalbiga bu kabi arzon hazil malham boʻla olmas edi.
— Qizlar-ku, kutar, — dedi Islomxon oʻychan, — lekin biz borgunga qadar bogʻlar qurib, bulbullar qirilib, quzgʻunlar bulbul libosini kiyib olsa-chi?

Tolibjon Jahongir bilan koʻz urishtirib oldi. Jahongir «uni oʻz holiga qoʻying», degan ma’noda yengil bosh irgʻadi. Islomxon buni anglamay gapini davom ettirdi.
— Mashoyixlar «Kuching yetar ekan, olovni shu on oʻchir, agar alanga olsa, jahonni kuydiradi. Dushmanani oʻq bilan urishga qodir ekansan, uning kamon kerishiga yoʻl qoʻyma», deganlar. Biz olovni oʻchirish kerak, deb va’z aytdig-u, oʻchirishga urinmadik. Kamonni dushman qoʻlidan olish lozim dedig-u, olib qoʻymadik. Oqibatda jahon kuydi, kamondan tinmay oʻqlar otilyapti. Bu yerlardan eson-omon qutulsak ham yonib ado boʻlgan jahannamga boramiz.
— Islomxon, siz shoirsiz. Shoirlar falsafaga moyil boʻladilar, — dedi Tolibjon jiddiy ohangda. — Ammo bu falsafangiz menga ma’qul emas. Bizni nishonga aylantirib, oʻz doʻstlarimiz qoʻliga kamon berdilar. Bu kamon otuvchilar hozir ozodlar, baxtiyorlar. Men to bu yerdan chiqqunimcha ularga omonlik tilayman. Siz ham tilang. Hammamiz tilaylik. Chiqib ularni sogʻ-omon koʻraylik. Men ularning makkor koʻzlariga bir marta qarasam kifoya. Ularning koʻzlarida bir martagina iztirob koʻrsam yetarli.

Jahongir soddadillik bilan aytilgan bu gapni eshitib, kulimsiradi. Tolibjon bundan ranjidi.
— Nimaga kulyapsiz? Omon chiqishimizga ishonmayapmizmi? — dedi u.
— Rahmatli mudarrisim «Agar olam tigʻi qoʻzgʻolsa, Xudo xohlamasa, biror tomirni ham qirqa olmaydi», der edilar. Xudo xohlasa, eson-omon bundan qutulib chiqasizlar. Ammo... kamon otganlar koʻzida iztirob koʻraman, deyishingiz xomxayol, inim. Shahar darvozalarini yopib boʻlar-u, ular ogʻzini yopib boʻlmas. Islomxon topib aytdilar: ular bulbul libosida hunar koʻrsataveradilar.
— Sizning badbin niyatingiz meni hayron qoldirdi. Qachongacha ular gunoh ishlardan zavq olishadi, tavba ham bemaza emas, bir kunmas bir kun undan ham tatib koʻrishar-ku?
— Tolibjon inim, men bilan bahs yuritmang, Xudo xayringizni bersin, — dedi Jahongir vaziyatni yumshatish uchun kulimsirab, — peshonamdagi yozuvni bilmaysizlar. Oʻqishga harakat qildinglar, sezib turdim, ammo oʻqiy olmadinglar. Oriyatli ekansizlar, soʻrashga istihola qildinglar. Endi oʻzim aytay: «Alqasosu minal Haq» deyilgan. Siz ham oʻzingizga yomonlik qiluvchilarni turmush hukmiga havola eting. Turmush sizga oʻch olib beruvchi xizmatkordir.

Tolibjon bu gapni eshitib, bir zum jimib qoldi. Keyin bosh chayqab dedi:
— Gapingiz rost, siz bilan bahs yuritib boʻlmaydi. Taqdirimiz zohiran bir. Yurakdagi dardimiz boshqaga oʻxshaydi.

Jahongir «na chora», deb yelka qisib qoʻydi. «Bular hali yosh, hademay hovurlari bosiladi, ularning jigʻiga tegmay», deb magʻlub odamday bosh egdi. Islomxon uni birinchi marta koʻrayotganday tikilib turdi-da, horgʻin odamning tovushida dedi:

Shabi gʻam gird-bodi oham az jo burd gardunro,

Furoʻ burd ajdahoi sayli ashkam rub’i maskunro, —

degan ekanlar Shayhim Suhayliy. Ya’ni, gʻamli kechalarda ohimning quyuni osmonni oʻrnidan qoʻzgʻotadi. Koʻz yoshim selining ajdahosi yer yuzini yutib yuboradi.

Oqsoqolning «Turinglar!» degan baqirigʻi yangramaganda ularning azaga kelgan xotinlar hasratini eslatuvchi bir oz mungli, bir oz alamli gaplari davom etaverishi mumkin edi.

Qishning qahri qirqilib, oftob tez-tez koʻrinadigan boʻlib qolgan kunlarda tikanli sim bilan oʻralgan hovli etagidagi boʻsh uy egalari kelishdi: ustlariga kalta paxtali qora toʻn, oyoqlariga qoʻpol botinka kiygan, sochlari olib tashlangan, qora roʻmol oʻrab olgan, kirtaygan koʻzlari ma’yus boquvchi turli yoshlardagi ayollarni koʻrib, dastlab barcha ajablandi. Soʻng kimningdir yuzida kulgi oʻynadi, kimningdir koʻzlarida yosh koʻrinadi.

Eng chetdagi bu uyga kimning borishi oqsoqolning himmatiga bogʻliq edi. Bir kuni kechki payt u barakka kelib, toʻrt kishini chaqirdi. U mahbuslarning ismini aytib chaqirmas edi, oltinchi barakdagi oʻziga tobe odamlarning hisob raqami yod boʻlib ketgan, «256097» raqamli kimu «256071» kim — adashmay ajrata olardi. Bu kech ham roʻyxatga qaramay hisob raqamlarini aytib chaqirdi. U goʻyo odamlarni emas, tartib bilan taxlangan jonsiz buyumlarni saralaganday harakat qilardi. Bir necha hafta ichida u mahbus ekanini unutgan, oʻzini boshliqlar qatori qoʻyib kerilishni odat qilgan, ozodlikdagi gunohini unutib, yangi gunohlar sandigʻini ochib olgan edi.

Islomxonning raqami tilga olinganda nainki uning oʻzi, balki Tolibjon, hatto Jahongir ham titrab ketishdi. Ular Islomxonning marhamatga sazovor boʻlishi mumkin emasligini, bu «marhamat» uning izzat-nafsini xoʻrlashdan iboratligini anglab turishardi.
— Men... bormayman, — dedi Islomxon oʻrnidan turib.

Oqsoqol unga qarab ishshaydi. Labi tirtiq odamning afti qoʻrqinchli tusga kirdi.
— Borasan, bu buyruq! — dedi.

Jahongir oʻrnidan turib, oqosoqolga roʻbaroʻ boʻldi:
— Musulmonlarga tegma! Haromga aralashtirma bizlarni!
— Musulmonlaring yilda bir mov boʻladigan mushukmi, — oqsoqol shunday deb tisarildi. — Bu kattaning buyrugʻi. Hammang galma-galdan kirib chiqasanlar, tartib shu!

... Islomxon tongda gʻarib kishi kepatasida qaddini bukib kirib keldi. Churk etib ogʻiz ochmadi. Nonushtaga qaramadi ham. Oʻrmonga borib kecha yiqitilgan daraxt ustiga oʻtirdi. Boltaning sopini qattiq qisganidan barmoqlari koʻkarib ketdi. Jahongir uning barmoqlarini asta boʻshatib, boltani qoʻlidan oldi. Tolibjon doʻstining yoniga oʻtirdi.
— Onam tengi ekan... — dedi Islomxon yigʻlamsirab, — olimning xotini ekan. Gunohini oʻzi ham bilmaydi... Biz-ku mayli, xotinlarni nimaga qiynashadi? — Islomxon peshonasini Tolibjonning yelkasiga qoʻyib hoʻngrab yigʻlab yubordi. — Biz kimmiz oʻzi, odammizmi, hayvonmizmi? — Islomxonning keyingi gaplarini tushunib olish qiyin boʻldi.

Oqsoqol «ishlaysanlarmi, yoʻqmi!» deb doʻq urmoqchi boʻldi-yu, bolta ushlab turgan Jahongirni koʻrib, shashtidan qaytdi.

Jahongir Islomxonning ahvol-ruhiyasini haromdan hazar qiladigan inson sifatida tushunardi. Shoir yuragidagi cheksiz nafratni his qilish uchun odamda shoir qalbi boʻlishi kerak. Ayollar baragiga qadam bosganda ayrim erkaklarning hayvon kepatasiga kirib qolganlarini, ma’sumaning xonadagi pishillashlar, hiringlashlardan titrab oʻtirishini koʻrish, uning «xalq dushmani», deb e’lon qilingan, hozir Sibirning ovloq yerlarida azob chekayotgan keksa eri, qizlari haqidagi hikoyalarni eshitishdan koʻra jonni Azroil qoʻliga topshirmak ming karra afzal edi.

Oradan kunlar, haftalar oʻtib, qamoqxonada ayollar baragiga «qiz kirib, qiz chiqayotgan» erkaklar haqida masxaraomuz gaplar oralab qoldi. Shu haqda ogʻiz koʻpirtirayotgan mahbus Jahongirdan kalla yegach, «gʻalati erkaklar» haqidagi gap-soʻzga xotima yasaldi.

Islomxon qishni ming bir azob bilan chiqardi. Mahbuslar oʻzaro suhbatlarda ayrim tuhmatchilarni soʻkardilar, la’natlardilar, begunohliklarini isbot qilish maqsadida Stalinga maktub yozib najot kutar edilar. Tolibjon bilan Islomxon ham bu ishdan chetda qolmadilar. Islomxon bu yerdan tirik chiqib ketolmasligiga aqli yetib, tushkunlikka berilgan edi. Tolibjon avval oʻzi maktub yozdi. «Almoniya Karl Marks vatani boʻlgani uchun, buyuk dohiymiz Leninni panohiga olgani uchun men u yerga borib oʻqidim», deb boshlab, buyuk dohiy Stalinga mehri beqiyosligini bayon qilib tugatdi. Umid bilan yerni yorib chiqqan koʻkat quyosh nuriga toʻymay doʻlga tutilgani kabi Almoniyada bilim olgan yoshlar nohaq xazon boʻlayotganlarini ham aytdi. Islomxonni ham shunday maktub bitishga majburladi.

Jahongirni ham yozishga undashdi. Bu yumushdan foyda unmasligini bilgan Jahongir qoʻliga qalam olmadi. Umid bilan javob kutayotgan bu ikki yoshga qarab turib, Jahongir bir hikmatni tez-tez eslar edi: boshoqdagi dondan soʻrabdilar: «Nechuk imillaysan, tez yetilmaysan?» Boshoqdagi don javob beribdi: «Tez yetilsam tegirmon toshlari orasida tezroq yanchilaman-da»... «Bu yigitlar tegirmon toshlari kutayotganini bilmay tez yetilishdi. Endi bu toshlar orasidan omon chiqisharmikin?» deb koʻp oʻyladi. «Nurga oʻlim yoʻq, deydilar. Bu yigitlar nurmisol, Xudo xohlasa, omon chiqishadi», deb oʻziga oʻzi tasalli berdi.

Gʻamga saxiy, shodlikka xasis bu dunyo nolalarga parvo qilmay tegirmon toshlarini ayovsiz yurgizardi. Dastlab Tolibjon javob oldi — hukm qat’iy, shikoyatga oʻrin yoʻq ekan. Shunda u peshonasiga bir shapaloq urdi.
— Professor Gerxard shu yerda qol, deganda men ahmoq koʻnmabman. Vatanga xizmat qilaman, debman!

Bu gapni eshitib, Islomxon uning ogʻzini kafti bilan yopdi.

Islomxonga javob keyinroq, bahor borliqni erkalay boshlaganda keldi.

Oftob issigʻi tanalariga oʻtib, daraxtlar uygʻondi. Uygʻondi-yu, yalangʻoch badanlaridan uyalib, shoshqich ravishda qush tiliday yaproqlardan iborat harir pardaga oʻrala boshladilar. Bu yashil harir parda orqasida ularning oq, toza badanlari yanada goʻzal koʻrindi. Endigina yaproq chiqargan daraxtlar Islomxonning koʻziga bu goʻzalalikda emas, balki kasaldan turgan bemorday za’faron koʻrinar edilar. U daraxtlarni oʻzi kabi oʻlimga mahkum deb bilardi. Oʻzining oʻnglanmasligiga ishonib qolgan Islomxon har qon tupurganida:
— Bu dard ilaki oʻlarman, maraz chu zohir emas,
Tabiblar bu balogʻa ne chora qilgʻaylar, —

deb qoʻyardi.

Jahongirning «Bahorga yetib olsak, bu dardlardan forigʻ boʻlib ketasiz», degan daldasini eshitib, miyigʻida kulardi.

Islomxonni qamoq boshligʻi ayni bahor kuchga kirgan pallada chaqirdi.
— Oʻrtoq Stalinga yozgan xating yurtingga yuborilgan. Oʻzingning yozuvchilaringdan iborat komissiya «millatchiligi toʻgʻri», deb xulosa chiqarib bergan. Shunga qaramay, kasalliging inobatga olingan. Seni janubga, issiqroq yerlarga koʻchiramiz. Hoziroq yoʻlga chiqasan.

Islomxon xayrlashar mahali turar joyini yana eslatib, Jahongir bilan Tolibjonga bir oʻtinchini aytdi:
— Onamga aytinglar, bergan oq sutlariga rozi boʻlsinlar. Men hech kimga xiyonat qilmadim.

Jahongir bu shoirni boshqa koʻrmadi. Urushdan keyin yurtiga qaytib, uni soʻroqladi. Onasi oʻgʻli hajrida kuyib ado boʻlibdi. Singillari akaning na tirigini, na oʻligini bilishardi. Islomxonning, u sigʻingan allomalarning nomlari tilga olinmayotganidan bildiki, ularga hali ham omonlik berilmabdi. Shunda Islomxon ulugʻlardan misol qilib aytgan bir baytini esladi:

Ba nomi nekoʻ gar bimiram ravost,
Maro nom boyad ki tan margrost.

«Yaxshi nom bilan oʻlsam, shu yetadi, menga yaxshi nom kerak, tana esa oʻlim uchundir», der edi, bechoraning nomini ham oʻchirishibdi», deb achindi.

Xoinlikdan xudo asrasin

Kapitan Ramazonovning soʻrogʻidan soʻng Jahongir eslagan voqea bayoni.

Kapitan Ramziddin Ramazonov mayor Solihovning topshirigʻini bajarib, marhum Sharipov oilasiga yaqin kishilar haqida ma’lumot toʻpladi. «Mayor qotilni marhumga yaqin odamlardan qidirib toʻgʻri qilyaptimi, — deb oʻyladi u. — Muhammadrizaevga yaqin odamlar-chi? Uning urush yillaridagi sirli harakatiga nima uchun qiziqmayapti? Partizanlar otryadida boʻlgan, soʻng asirga tushgan, Turkosshtelleda — SS bosh boshqarmasining Turkiston boʻlimida xizmatda boʻlgan, u yerdan topshiriq olib, yurtiga kelganu toʻgʻri militsiyaga uchragan. Nemislar tayyorlab bergan hujjat bilan tinchgina yashab yurishi mumkin edi...»

Ramazonov savollariga javob topolmay Jahongir haqida ma’lumotlar jamlangan papkani ochdi. 1944 yilgi soʻroq, toʻplangan ma’lumot ajablanarli edi.

«Jahongir Muhammadrizaev partizan otryadida barcha harbiy operatsiyalarda halol ishtirok etdi. Yurtdoshi Tolibjon Toʻxtasinov bilan navbatdagi operatsiyaga ketib, nishonsiz gʻoyib boʻldi. Otryadda sotqin, xoin deb gumon uygʻotgan emas.

Otryad komandiri, podpolkovnik Strujev»

1944 yilda Muhammadrizaev harakatida jinoyat alomatlari topilmagan, aksincha, 1938 yilgi hukm bekor qilingan. Lekin oradan toʻrt yil oʻtib «Vatan xoini» Muhammadrizaev oʻn uch yil ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan.

Bu sohaning nozik jihatlarini hali yaxshi oʻrganib yetmagan kapitan Jahongirning hayotiga oid ma’lumotlardan bir xulosa chiqara olmas edi. Asirga tushganlarning, Yugoslaviya partizanlari safida jang qilganlarning urushdan keyingi ayanchli taqdiri unga ayon. Qoʻshinlardagi maxsus boʻlimning berahmligini ham biladi. Qirq toʻrtinchi yilda, josuslik vazifasi bilan oʻtib kelgan odamning gunohidan oʻtishlari mumkinmidi? Ramazanov «Agar bizning razvedkaga xizmat qilgan boʻlsa, gunohidan oʻtishgandir», deb xulosa chiqardi. Gunohdan oʻtib turib, toʻrt yildan soʻng uni yana qamoqqa tiqishlari ajablanarli. «Agar odamni Xudo yaratib, uning taqdirini ham belgilab qoʻygan boʻlsa, bunday chigal taqdirni qanday oʻylab topdi ekan? Taqdir changalida oʻyin boʻlgan odam aqldan ozmay yashashi mumkinmi?»

Ramazonov Jahongir haqida oʻylaganlarini mayor Solihovga aytdi.
— Istasangiz, tegishli boʻlim bilan bogʻlaning. Istasangiz, oʻzi bilan gaplashing. Lekin mening nazarimda Muhammadrizaevning u yillardagi hayotidan bu ishga aloqador ma’lumot ololmaysiz. Balki... — Solihov picha oʻyladi, — bu odamning fe’l-atvorini aniqlashga yordam beradigan biror gap chiqar. Men marhumning yaqinlari bilan shugʻullanaman. Siz Muhammadrizaev bilan uchrashing.

Maxsus boʻlimda Ramazonovning iltimosi ikki kundan keyin qondirildi. Muhammadrizaev hayotiga oid ma’lumotlar toʻplamini unga koʻrsatishmadi. Buning oʻrniga «J. Muhammadrizaev razvedkada xizmat qilmagan», degan qisqagina javob xati berishdi. Turkiston legioniga oid savol-javoblar va ma’lumotlarning eng soʻnggiga tikilgan, Jahongirning oʻz qoʻli bilan arab imlosida xusnixat bilan yozgan tilxati Ramazonov uchun sir boʻlib qolaverdi. Aqalli «Men xoin boʻlmaganim vajhidan yurtimga qarshi ish koʻrishdan oʻzimni tiyib, sizlarga taslim boʻldim. Ularning buyruqlariga boʻysunishdan maqsadim — ota yurtimga kelib olish edi. Sizlarga xizmat qilishim u tomonga nisbatan xoinlik boʻlur, men esam xoinlikdan hazar qilaman. Xoinlikdan hazar qilguvchilar oʻlimga loyiq topilsa, men kundaga bosh qoʻyib berishga roziman», degan tilxatni koʻrsatishganda ham Ramazonovga koʻp narsalar oydin boʻlar edi.

Ramazonov Jahongir yotgan shifoxonaga mavhum taassurotlar ichida bordi. Bosh tabib «Bemorning oromi buzilgan, buguncha soʻroq qilmang», dedi. Oromining buzilishiga «oʻgʻillariman», deb oʻzini tanishtirgan bir yigitning tashrifi sabab, deb izohladi.

Ramazonov bosh tabibning gapini ikki qilmay, iziga qaytib, shifoxonaga ertasiga kun yoyilganda keldi. U Jahongir yolgʻiz xonaga kirganida hamshiralar muolajani tugatib chiqishayotgan edi.

Jahongir oʻgʻli kelib ketganidan keyin Ollohga shukr qilishni ham, jonimni tezroq olaqol, deb faryod urishni ham bilmay qoldi.

Islomxonni oʻylab yotgan paytida yelkasiga oq xalat tashlab olgan tanish yigitni koʻrib, yuragi urishdan toʻxtab qolganday boʻldi. Boshini yostiqdan uzib, qaddini koʻtarmoqchi edi, majoli yetmadi. Yigit — uning pushti kamari, oʻttiz uch yil xayolida erkalab, avaylagani — salom berib, «bezovta boʻlmang», deb yelkasidan ushladi. Jahongir beixtiyor uning qoʻliga kaftini qoʻydi. Bu xayolidagi doʻmboq qoʻlcha emas... Ammo bu qoʻlning tafti yuragiga qayta jon berganday boʻldi. Salom-alikdan soʻng ota-bola tildan qolganday bir-birlariga tikilishdi. Alamlar — shodliklar ham, dardlar — hasratlar ham, faryodlar — baxtiyorlik ham shu qarashlarda zohir edi. Jahongirning qarashida xijolatlik, yoʻq, xijolat emas, kechirilmas gunoh qilib qoʻygan bandaning iztirobi bor edi: harholda jigarini, pushti kamarini musofirliklarda xor qilib qoʻymay voyaga yetkazgan odamning oʻlimiga sababchi boʻldi. Yoʻlchivoy uni shohid emas, balki qotil deb bilar, nafratlanar? «Nafratlanarmikin? — Jahongirning koʻngliga shu savol keldi. — Nafratlanganida yoʻqlab kelarmidi? Yo onasi yubordimi? Men qotil emasman, deb aytib qoʻyaymi?»

Jahongir bu gapni ayta olmadi. Ogʻzini ochdi-yu, ovozi chiqmadi.

«Boshingizga tushgan savdolarni milisaxonada aytishdi. Bir boshga shunchalara kulfat yetar. Qotilni koʻrgan boʻlsangiz, ayting, bagʻrimizga qayting», Yoʻlchivoy shunday demoqchi edi, uydan chiqayotganidayoq shu gaplarni aytaman, deb qaror qilgan ham edi, ammo aytolmadi. Otasining moʻltillab turgan koʻzlariga qarab gapirolmadi. Noqulay jimlikdan qutulish uchun xaltani ochib, kosani oldi.
— Ayam berib yubordilar, — dedi Yoʻlchivoy kosa ustidagi nonni olib.

Jahongirning dimogʻiga tanish hid urilib, entiktirib yubordi: moshkichirining hidimi? Xadicha uning qanday taomni xush koʻrishini, kun ora moshkichiri qilib berganlarini unutmabdi-da?
— Ayangiz esonmilar? — dedi Jahongir titroq ovozda.

Yoʻlchivoy uning hayajonini tushundi. Ayasining «u kishi moshkichirini xush koʻrardilar, oʻzim pishirib beray», degan gaplarini esladi.
— Duo deb yubordilar.
— Ayangizning duolarini olabering, kam boʻlmaysiz.

Ular yana jim qolishdi. Soʻng Yoʻlchivoyning qistovi bilan Jahongir qoshiq uchida moshkichiridan «nasiba» deb ogʻziga soldi. Biroq yutishi qiyin boʻldi. Ich-ichida toʻlqin urayotgan yigʻi bir chimdim ovqatning oʻtishiga arang yoʻl berdi.

Yoʻlchivoy uzoq oʻtirish bemorni toliqtirib qoʻyishi mumkinligini fahmlab ketishga izn soʻradi.
— Ayangizga duo deng, — Jahongir shunday deb oʻgʻliga tikilib qoldi. — Yana bir gapni ayting, — Jahongir bu gapni aytishga qiynaldi, koʻzlarini olib qochdi. — Iymoni butun, muslim yigitsiz, soʻzlarimga tushunasiz... Ayangizga aytingki, u kishining gunohlari yoʻq. Bandaning oldida ham, Olloh oldida ham bokiralar. Musofirlikda turmush qurganlarida boshlari ochiq edi, men bunda yurib, orqalaridan taloq qilib edim. Koʻngullari kirlanmasin, ayting. — Jahongir shu gaplardan soʻng koʻzlarini yumib oldi, mijjalari har qancha jipslashmasin, tomchi yosh sizib chiqishga yoʻl topdi.

Tunda uxladimi, alahsiradimi bilmaydi. Ertalab hamshiralar kirishgach, sal hushini yigʻishtirdi. Ular chiqib ketib, eshik ogʻzida oq xalatli odam koʻringanda dastlab uni tanimadi. Tanigach, «Avval eski oshnamni topib roʻpara qildi, keyin oʻgʻlimni... endi nima hunar koʻrsatarkin», degan xayolda qaddini biroz koʻtardi.

Ramazonov soʻroq qilish hadisini olmagan edi. Ayniqsa, bemor odamni daf’atan soʻroqqa tutishni oʻziga ep koʻrmay taraddudlandi. Agar u toʻgʻridan-toʻgʻri soʻroq boshlaganida Jahongir ajablanmagan boʻlardi. Tergovchining yogʻoch kursiga noqulay oʻtirishi, soʻroqni darrov boshlamayotgani aksincha uni taajjublantirdi.

Ramazonov choʻntagidan «Kazbek» chiqarib, bir dona papirosni labiga qistirdi, soʻng qutini Jahongirga uzatdi. «Chekmayman», dedi Jahongir.
— Yaxshi qilasiz, men ham chekmas edim, urushda oʻrgandim, — dedi Ramazonov, keyin papirosni qayta qutiga soldi, — darvoqe, bu yerda chekish mumkinmasdir, a?.. Siz partizanlar otryadida jang qilgan ekansiz, qaysi yerlarda boʻlgansiz?
— Belorussiyada, Bryansk oʻrmonlarida.
— Men u tomonlardan oʻtmaganman. Stalingraddan Odergacha bordim. Ukrainada partizanlar bilan koʻrishdik. Yigitlar aytib berishgan, partizanlarga ogʻir boʻlganini bilaman. Biz-ku, roʻparamizda frits borligini bilardik. Olgʻa, yanchib tashlansin, degan buyruq olsak, bas. Partizanlarning esa chor atrofida frits.
— Bu gaplarni menga nima uchun aytyapsiz? Buni qotillikka daxli yoʻq. Soʻraydiganingizni soʻrang.
— Daydidaradagi ish boʻyicha mayor soʻraydi. Meni sizning oʻtgan hayotingiz, doʻst-birodarlaringiz qiziqtiradi.
— Mening doʻst-birodarlarim yoʻq.
— Unchalikmasdir. Masalan... Tolibjon Toʻxtasinov kim edi? Yo uni tanimaysizmi?

Jahongir achchiq kulimsiradi.
— Tolibjondan gumon qilmay qoʻyavering... U bechoraning jasadi Almoniyada qolgan...

Jahongir shunday deb koʻzlarini yumdi. «Tolibjonni nimaga surishtiryapti? Yo Turkosshtellening yuvindilarini suzib olmoqchimi? Tolibjonni Sotti otib tashlaganini qirq toʻrtinchi yilda aytgan edim-ku? Bularning maqsadi nima oʻzi? Qotilni aniq bilsam edim, endi aytardim, qutulib qoʻya qolardim. Orqasidan koʻrgan boʻlsam, aniq oʻsha edimi yo yoʻqmi — bilmasam, gumon bilan bir odamni abgor qilib gunohga botaymi? Gumonni aytgan taqdirimda bular ishonadilarmi? Oʻgʻlimni koʻrdim, Xadicha ham Xudoga shukr, tirik ekan. Menga yana nima kerak? Tirik qolib nima karomat koʻrsataman? U odamning akamda nima qasdi bor ekan, bilmayman. Lekin mening qasdim ham bor edi-ku? Nima uchun yashashni istab qoldim? Meni shayton yoʻldan uryapti. Soʻzimdan qaytsam — Xudo urgani shu boʻladi. Bu hiylagarlar mendan nimani istashyapti? Maqsad Daydidara emas, boshqa. Jasadi begona yurtda qolib ketgan bir bechorani nimaga eslab qolishdi?»

Jahongir partizanlar otryadi komandirining xatini Ramazonov oʻqiganidan bexabar, Tolibjon bilan shunchaki qiziqayotganini bilmaydi. Jahongirda uygʻongan ozgina sarosimani ham Ramazonov ilgʻab, «Bunda bir gap bor shekilli?» deb qoʻydi. «Men qotilman, deb turishi bejizmasdir, balki? Xoinligi ochilsa, Vatan xoini sifatida otilishdan koʻra, qotil sifatida otilishni afzala koʻrayotgandir? Bu odam xoinlik qilishi mumkinmi? — Ramazonov Jahongirga tikildi-da, «mumkin», degan xulosa chiqardi. — Bu jamiyatda adolat topmadi, faqat ezildi, shu alam tufayli fashistlarga xizmat qilgan boʻlsa qilgandir. Keyin... qoʻrqqanidan bosh egib kelgandir. Agar shunday boʻlsa... oʻzim otib tashlardim buni...»

Ramazonovning xayolini yoritgan bu fikr asabini qoʻzgʻadi. Yaqindagina «koʻp azob chekkan ekan», deb achingani bu odamga nafrat bilan qaradi. U urushdan qaytganida doʻstlariga «Stalingraddan Oderga qadar Azroilni opichib yurdim, istagan paytida jonimni sugʻurib olishi mumkin edi», deb hazillashardi. Har qadamida oʻlim chohiga tortilishi mumkinligini bilib janglarga kirgan odamning xoinga yoki sotqinga nisbatan nafratini chetdan turib qoralash noinsoflik hisoblanadi. Boz ustiga Ramazonovning bu damdagi nafrati oʻtkinchi, Muhammadrizaevni xoinlikda ayblashga asosi yoʻqligini oʻzi ham sezib turardi. Yashin nuri zaminni bir zumgina yoritgani kabi, gumondan uygʻongan nafratning kuchi ham uzoqqa bormaydi.
— Tolibjon Toʻxtasinov siz bilan partizan otryadida birga boʻlgan. Germaniyaga qanday borib qolgan? — deb soʻradi Ramazonov, koʻzini yumib yotgan Jahongirdan.

Jahongir koʻzini yarim ochib, unga qaradi. «Bilmaydimi, yo meni laqillatmoqchimi?» deb oʻyladi.
— Hamma gaplarni qirq toʻrtinchi yilda aytganman. Hujjatlarga tirkalgan.

Jahongir shunday deb yana koʻzini yumdi. «Tolibjondan xavfsirayaptimi? Tolibjonning qaysi ishi ularning tinchini oldi?» Jahongir xayolan yaqin oʻtmishga qaytishga majburiyat sezdi.

Ular bahorda issiqroq oʻlkalardagi qamoqxonaga joʻnatilayotgan Islomxon bilan xayrlashishdi. Bahorning yomgʻirli kunlari ado boʻlgach, daraxta kesishni ham bas qildilar. Soʻngsiz oʻrmonzorning qoq oʻrtasida nima uchun daraxt kesganlari shunda ma’lum boʻldi: bu yerda zavod qurilarkan. Ularning qilmagan ishlari qolmadi: yer kavlashdi, gʻisht tashishdi, qorishma qorishdi... Tolibjon oʻtgan kunlarni erinmay sanardi. Ozodlikka chiqquniga qadar qolgan yillarni, oylarni, haftalarni, kunlarni, hatto soatlarni hisoblardi. Yorugʻ olamda boʻlayotgan voqealar haqidagi sarosimali xabarlar oʻrmonlar oshib, tikonli sim toʻsiqlar oshib mahbuslar qulogʻiga yetib kelardi. Tebranib turgana notinch dunyoning erta-indin portlab, alanga olishiga barchaning aqli yetardi. Dunyoning qachon portlashi haqida turlicha taxminlar qilishardi. Zavod qurilishining susaymayotganiga qaraganda portlashga picha vaqt bor edi. Lekin qiyomat kutilmaganda barvaqt boshlandi. Uni mahbuslar soqchilarning xavotirli qarashlaridan, boshliqlarning behalovat yurishlaridan sezishdi. Zavodda qurilish ishlari toʻxtatilib, oʻrnatilgan jihozlar qayta koʻchirila boshlangach, xavotirlar bejiz emasligi bilindi. Koʻp oʻtmay portlash ovozlari quloqqa chalindi. «Urush boshlanibdi», degan xabar bir zumda barchaga ayon boʻldi. «Endi nima qilarkinmiz?» degan savolga javob topishga ulgurishmay osmonni bir toʻp chigirtkamisol samolyotlar bosdiyu qiyomat boshlandi.

Yarim soat ichida qariyb uch yil davomida qad rostlagan zavod binolari ham, ular yashagan yogʻoch uylar ham, tikonli sim toʻsiqlar ham yakson boʻldi. Boshi majaqlangan, qoʻli yoki oyogʻi uzilib ketgan odam jasadlari, yonayotgan uy xarobalari bu yarim soatlik qiyomatdan xotira boʻlib qoldi.

Joni foydaga qolgan mahbuslar «samolyotlar hozir yana qaytadi», deb oʻrmondan panoh izlab qochdilar. Bir moʻ’jiza bilan qiyomat olovidan omon chiqqan soqchilar ularga e’tibor ham bermadilar. Jahongir Tolibjonning bilagidan ushlab, boshqalar kabi oʻrmon sari yugurdi. Qiyshayib yonayotgan minora yonidan oʻtishayotganda chap qoʻliga tiralib turishga urinayotgan keksa mahbus «Birodarlar, meni tashlab ketmang», deb iltijo qildi.
— Professor-ku? — Tolibjon shunday deb uni qoʻltigʻiga kirib koʻtardi.

Qoʻshni barakdagi bu qariyani Tolibjon hurmat qilar, ish chogʻida ham ogʻirini yengil qilishga intilardi. Jahongir uning olim boʻlganini, bu yerga oʻzi ham bilmagan sabab bilan kelib qolganini Tolibjonning gaplaridan bilardi.

Ular holdan toyguncha yurdilar. Professor oyogʻidan yaralangani boisidan uni ikki qoʻltigʻiga kirib deyarli koʻtarib borishdi. Kambagʻalning hovlisidek keladigan yalanglikka chiqib toʻxtashdi.
— Endi qayoqqa boramiz? — dedi Tolibjon Jahongirga qarab. Professor oʻzbekchani bilmasa ham, gap ohangidan savol mazmunini uqdi.
— Agar nemislar bostirib kelishayotgan boʻlsa, sharqqa qarab boraverish kerak, u yoqda oʻzimiznikilar, — dedi u.
— Oʻzimiznikilar? — dedi Tolibjon oʻylanib. — Oʻzimiznikilar yana qamoqqa tiqishmaydimi?
— Harholda shu yoqqa qarab boraverish kerak, — dedi Jahongir. — Balki uyimizga yetib olarmiz?

Qoʻlbola yasalgan zambilga professorni yotqizib, yoʻlni tusmollab yuraverishdi. Ertasiga kunbotarda bir qishloqdan chiqishdi. Jahongir Tolibjon bilan professorni butazorda qoldirib, oʻzi qishloq tomon yurdi. Koʻp oʻtmay qoʻlida yarimta non, uchta tuxum koʻtarib qaytdi.
— Urush boshlanganiga yarim oy boʻlibdi, — dedi u, — nemislar yaqinmish. Kecha bu yerdan chekinayotgan qizil askarlar oʻtishibdi. Professorni olib qolishga koʻnishmadi. Qamoqdan chiqqanimizga qoʻrqishyapti. Lekin, bu yerdan yigirma chaqirim yursak, bir qishloq bor. Qamalgunimga qadar men oʻsha yerda yashaganman.

«Qaerda, nima uchun yashagansan», deb surishtirib oʻtirishmadi. Non bilan tuxumni boʻlishib yeb, qorongʻi tushguncha yoʻl bosishdi. Jahongir yashagan qishloqqa ertasi kuni peshinga yaqin yetib borishdi.

Ostonada oʻtirgan Grigorich bilan kampirni Jahongir uzoqdan koʻrib «xayriyat», deb quvondi. Grigorich ularni avvaliga chekinayotgan askarlardir, deb oʻyladi. Keyin Jahongirni tanib, hayratdan yoqasini ushladi.
— Seni uzoq kutdik, xavotir oldik, — dedi chol professorni uyga yotqizib chiqqach, — uch kun oldin kizimkani katta yoʻlga kuzatib qoʻydim. Chekinayotgan askarlar, odamlarga qoʻshilib ketdi. Shu bahonada uyiga yetib oladi. Kelishingni yuragi sezgan ekan, senga bir gap aytib ketuvdi. Opangning omonatini olibdi, rozi boʻlarmishsan. Xudo xohlasa omonatingga xiyonat qilmas emish.

Jahongir Oynisaning maqsadini tushundi. Boshini changallab, indamay oʻtirdi.
— Grigorich, professorni siznikiga tashlab ketamiz. Yaxshi odam u. Tuhmatga uchrab qamalgan, — dedi u uzoq davom etgan sukutdan soʻng.
— Yaxshimi-yomonmi, u ham bir odam, — dedi chol. — Qaraymiz, umri uzoq boʻlsa, tuzalib ketadi. Nasibasi qirqilgan boʻlsa, chorasizmiz. Sen oʻzing nima qilmoqchisan?

Jahongir javob oʻrniga bosh qimirlatdi.
— Ketolmaysan. Katta yoʻllarga nemislar yetib kelgandir. Shu yerda kut. Nemislar kelsa ham senga tegishmas. Bolshevik emassan. Quvgʻin qilingan odamsan. Sheriging ham qolaversin.

Cholning maslahati Tolibjonga ma’qul kelmadi.
— Bu yerda qolsak, sotqin degan tamgʻadan umrbod qutulamaymiz, ketamiz, — dedi.

Qorinni toʻqlab, kiyimlarni almashtirib, yoʻlga tushishdi. Oʻrmonni panalab yurib, nemislarga duch kelishdi. Ulardan berkinamiz deb, oʻrmonga ichkarilab, yoʻldan adashib, ochlikdan oʻlar holga tushganlarida qurshovdan chiqishga urinayotgan askarlarga duch kelishdi. Oʻzlarini Oʻzbekistondan Belorussiyaga tajriba oʻrganish uchun kelgan chorvadorlar deb tanishtirishdi. Komandir peshonasida yozuvi bor Jahongirga ishonqiramay qarab qoʻydi, ammo indamadi. Ular qurshovdan chiqolmay, oʻrmon ichkarisiga qarorgoh qurishdi. Shu zaylda partizanlik hayoti boshlandi. Jahongirning merganligi, dovyurakligi ayon boʻlgach, komandir qarashlaridagi xavotir, ishonchsizlik yoʻqoldi.

Bir kuni kichkina guruh bilan ketishayotganda Jahongir Tolibjonga:
— Bular bizga endi ishonishdi, sezdingizmi? — dedi.
— Buni-ku, sezdim, — dedi Tolibjon. — Lekin boshqa narsani ham sezib yuribman.
— Nimani?
— Ikkimizni boshqalarga qaraganda koʻproq yuborishyapti bunaqa janglarga. Nimagaligini bilasizmi?
— Nimaga?
— Biz bularga begonamiz. Oʻlsa ham shular oʻlsin, deyishadi.
— Undaymasdir, — dedi Jahongir. — Koʻpga kelgan toʻy...
— Bilasiz-ku, men hamma narsani hisob-kitob qilib yuraman.
— Xudoning oʻzi asrasin bizni, urushdan keyin bir parcha qogʻoz yozib bersa, yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytsak bas.

Tolibjon «buncha soddasiz», deganday kulimsirab qoʻydi. Bir nafaslik bu kulimsirash Jahongirning xotirasiga mixlanib qolgan ekan. Keyinroq pistirmaga duch kelishganda ham, nemis qamoqxonasiga tushganida ham, soʻng «Turkiston legioni» deb atalmish qoʻshinga borganida ham bu istehzoli kulimsirashni tez-tez esladi.

Bir kuni kutilmaganda Sottini uchratib lol qolganida ham Tolibjon xuddi shunday kulimsiradi.
— Bolsheviklarga ham, fashistga ham xizmat qiladigan toifa koʻp. Bu raisingiz bitta boʻlsa ekan, ajablansangiz. Bizning boshimizga kimlar balo yogʻdirdi. Shunaqalar-da. Eslaysizmi, Islomxon bir bayt aytgan edi: «Qaerda gul boʻlsa — unda asalari bor, qaerdaki foyda choʻgʻi boʻlsa — unda yovuzlik alangasi bor». Kimning bayti edi?
— Yodimda yoʻq, Bedilniki boʻlsa kerak.
— Kim boʻlsa ham toʻgʻri aytgan. Biz ana shu yovuzlik alangasida qovrilyapmiz.

Turkiston qoʻshiniga tushgan Sotti Jahongirni koʻriboq «Meni Xudo urdi», deb oʻtakasi yorildi. Lekin biratoʻla qoʻrquv chodiriga burkanib olmadi. Uning hiylasini koʻrganda hatto shayton ham hayratdan yoqa ushlardi. Sottining birinchi hiylasi — Jahongirni koʻrishi bilan qoʻrquvni yengib, orada hech nima boʻlmaganday uni quchoqlab oldi. Jahongir uning qoʻllarini qayirib, itarib tashlab, soʻng kalla qoʻyib ogʻzi-burnini qonatganda ham «Tavba qildim, Jahongirjon», deb elanib turaverdi. Unga qarab Jahongir Daminning gapini eslagan edi: «Bu haromini tugʻilganda choʻmiltirishgan ekan, oʻshanda togʻoradagi magʻzavani ilon ichib oʻlgan ekan...» Bu — Damin toʻqigan gap.

Kunlar, haftalar, oylar oʻtaverdi. Tolibjon «qachon jangga tashlashar ekan bizni», deb betoqatlanardi. Jahongir uning maqsadini bilib turardi. Jang bahonasida oʻtib ketish, yurtga tigʻ koʻtargan degan la’nat tamgʻasidan qutulish — uning ham niyati edi.

«Hatto poda ham kech kirganda uyiga qaytadi. Biz-chi, biz podadan ham battarmizmi?» Tolibjon shunday degan kunning ertasiga Sotti bilan yoqa boʻgʻishib qoldi. Shunchaki mushtlashish boʻlib tuyulgan toʻqnashuv toʻpponchalarni gʻilofdan chiqarish, bir ma’sum va bir mal’un jonning soʻnishi bilan tugadi...

Jahongir Tolibjonning qonini shimib olgan tuproqni qirib, roʻmolchasiga tugdi. Nemislar bergan yolgʻon hujjatga koʻra «Ogʻir yaralanib, iste’foga chiqqan askar» qiyofasida yurtiga josus sifatida qaytgach, Tolibjonning qishlogʻiga bordi. Onasi hayot ekan, shu tuproqni koʻzlariga surtib, aza ochdi. Tuproqni oʻz kafani — oʻsha roʻmolchaga oʻrogʻliq holda qabristonga eltdilar, janoza oʻqidilar. «Partizanlikda shahid ketdi», degan shum xabar ona yuragidagi umidni oʻldirgani holda, ogʻir toshni ham koʻchirdi. Jahongir yetkazgan xabar uni «Dushman onasi», degan la’nat toshidan qutqargan edi.

Jahongir qisqa muddat ichida mana shularni eslab, «Tolibjon begunoh banda edi, hamma hujjatlarni, xotiralarni titib chiqishsa ham uni ayblasha olmaydi», degan qarorga keldi. U Ramazonovning keyingi savoliga javob bermadi. Koʻzini yumib yotaverdi. Kapitan nooʻrin tashrif buyurganini anglab, afsuslandi-da, oʻrnidan turdi.

«Xitoy doʻxtur»

Kapitan Ramziddin Ramazonov Jahongirning oʻtmishini oʻrganayotgan chogʻda mayor Sanjar Solihovning Qirqbel qishlogʻiga borgani, soʻng marhumning yaqinlari bilan uchrashgani haqida.

Mayor Solihov depara ichki ishlar boʻlimiga kirib, ajablanarli yangilik eshitdi: kapitan Jabborov jumhuriyat prokuraturasiga ishga oʻtibdi. Begunoh odamlarni asossiz ayblab qamashdagi gunohlari uchun yaqindagina vazifasidan pastlatilgan odamning yana choʻqqi sari parvozi ajablanarli hol edi. Yigʻlayotgan goʻdakni ovutish uchun shirinlik koʻrsatiladi, bola ovunishi bilan shirinlik joyiga qoʻyiladi. Xuddi shunga oʻxshab haqiqat qaror topyapti, deb jar solindi-yu, eski hammomga eski tos bilintirmay olib kirib qoʻyilibdi. Barcha chirigan toslar joyiga qaytariladimi yo bittasi istisno boʻldimi — bu Solihov uchun hozircha muammo. Jabborovning yana mas’ul vazifaga koʻtarilishidan tushundiki, ishlarida shakl biroz oʻzgaradi, mazmun esa aslicha qolaveradi. «Odamlar bizga ishonishmas edi, bizni yomon koʻrishardi, — deb oʻyladi Sanjar Solihov, — gunohkorlarga jazo berib, begunohlarni ozod qilib, endigina ishonch uygʻotayotgan edik. Endi yana la’nat toshlari ostida yasharkanmiz-da»... Istisno degani xatarli boʻladi. Bir odam uchun istisno tariqasida ignadek teshik ochiladi. Soʻng ikkinchi istisnoga hojat seziladi. Qarabsizki, ignadek teshik kattalashib, karvonsaroyning darvozasiga aylanadi — undan it ham, eshak ham oʻtaveradi. Jabborov uchun qilingan istisno kelajagini Solihov shunday tasavvur etdi.

U Qirqbelga yolgʻiz oʻzi yoʻl oldi. Ilgarigi borishida Jabborov bilan noxush suhbat qurgani, yoʻl loy boʻlgani uchun koʻnglida xiralik qolgan edi. Bu safar yoʻl loy emas — hammayoq oppoq qor, yonida yoqimsiz odam ham yoʻq. Havoning tozaligi, qorning gʻirchillashi noxush yangilik tufayli koʻnglida uygʻongan gʻashlik olovi taftini bir oz bosdi.

Burniga koʻzoynak qoʻndirib olgan Damin tanchada kitob oʻqib oʻtirardi. Xonaga pech oʻrnatilmagan, oynagi singan deraza koʻziga gazeta yopishtirib qoʻyilgan. Damin oʻrnidan turib, uni qarshilab, tanchada oʻtirishga taklif qildi. Soʻng oʻtxona yonidagi choynakni olib, choy quyib oʻzatdi-da:
— Sherigingiz qani? — deb soʻradi.
— Sherigim... — Solihov hozir eshitgan yangiligi bu odamni lovullatib yuborishini anglab, yolgʻon gapirdi, — ishi chiqib qoldi.
— Olib kelmaganingiz yaxshi boʻlibdi. Qarashi xunuk edi.
— Men oshnangizni soʻraysiz desam, sherigimni surishtirib qoldingiz?
— Oshnamning ishi yaxshilik tomon yuz burganini kelishingizdan sezdim. Ishi yomon boʻlsa kelmas edingiz. Yana nimalarni soʻramoqchisiz mendan?

Solihov choʻntagidan suratlarni chiqardi.
— Shularni taniysizmi? Diqqat bilan qarang: ularni yoshligida koʻrgan boʻlishingiz mumkin?

Damin suratlarga qayta-qayta razm solib, Murodillaning rasmini ajratdi.
— Tepabelda bir yigit boʻlardi. Chamamda Olamgir akaning ulfatlaridan edi. Oʻshanga oʻxshaydi.
— Hozir qaerda u?
— Oʻsha paytda chetga oʻtib ketgan.
— Biron belgisi bormidi?
— Qanaqa belgi?
— Masalan, chandigʻimi, xolimi? Olamgir akani oqsar edi, devdingiz, esingizdami?

Damin oʻylanib turib dedi:
— Belgisini bilmayman... Olamgir akani topdilaringizmi?
— Topdik. Daydidarada shu odamni oʻldirib ketishgan. Oshnangiz akasi ekanini yashirib, «Men oʻldirdim», deb turib olibdi. Shunisiga hayronmiz. Aka-uka orasida biron gap oʻtganmidi?

Damin koʻzoynagini qoʻliga olib, deraza osha tashqariga qarab oʻyga toldi.
— Jahongir akasi haqida yomon soʻz aytmagan sira.
— Peshonasidagi yozuv-chi?
— «Alqasosu minal Haq»mi? Akasiga tegishli deb oʻylayapsizlarmi? Men buni xayolimga keltirmagan ekanman. Nohaq qamaganlarga atalgan gap, deb yurarkanman.
— Bizni bir narsa ajablantiryapti. Harholda aka-uka Daydidaraga bekorga borishmagan.
— Jahongir har kelganida Daydidaraga bir borardi. Qamalmasidan burun oʻsha yerga uy qurib chiqaman, shu yerlarni bogʻ qilaman, derdi. Oxirgi qamoqdan chiqib kelib ham shunaqa degan. «Uyimizni kolxoz endi omborxona qilibdi, oʻligim koʻchada qolmasin. Menam ajdarqoyaning panohida yotay», devdi.
— Daydidara chetroqda-ku? Nima uchun aynan oʻsha yerda uy qurmoqchi boʻlgan?
— Bir soʻraganimda «bahavo joy», degan. Bahavolikka bahavo. Otasi rahmatli oʻsha yerda sayl qilib, mehmon kutardilar. Jahongir uy quraman, deganida otasi tirik edi. Uy qurib chiqqanida, oʻsha yerlar ham obod boʻlib ketarmidi...
— Daydidarada oʻsha kuni biror kishi ovga chiqishi mumkinmidi?
— Be, u yerda nimani ovlaydi? Ov qiladigan odam bu yerdan uchta togʻni oshib oʻtishi kerak. Ilgari kaklik ovi boʻlib turardi. Endi u ham yoʻq.
— Siz savolimga javob bermadingiz, biroz chalgʻib ketdik. Aka-uka nima uchun Daydidarada uchrashishgan? Bu uchrashuv tasodifiy boʻlmagan. Jahongir Muhammadrizaev siz bilan xayrlashish uchun atayin uyingizga kelgan.

  

— Ha, gapingiz toʻgʻri. Koʻngli gʻash edi, mening koʻnglim ham bir nimani sezuvdi. Savolingizga javob bera olmayman. Sababini Jahongirning oʻzi aytishi mumkin. Lekin u oʻjar odam, lozim topmasa aytmaydi. Otib yuborsangiz ham aytmaydi.
— Agar qotilni topmasak, otilishi mumkin.
— Nega endi otarkansiz? Bekordan bekorga-ya?!
— Qotil topilmasa...
— Nega topilmas ekan, toping!
— Qidiryapmiz. Siz achchiqlanmang. Bekor oʻtirganimiz yoʻq. Oshnangizni qoʻyib yubordik. Hozir tobi yoʻq, shifoxonada yotibdi.
— Unga nima boʻldi?
— Yuragi charchagan shekilli, Xullas, biz unga xotini, oʻgʻlini topib berdik.
— Xadicha tirik ekanmi? Jahonning oʻgʻli yoʻq edi-ku?
— Oʻgʻli yoʻlda tugʻilgan. Olamgir Xadichaga uylangan. Bolani katta qilgan...
— Yo, Parvardigor!.. — Damin shunday deb yoqa ushladi. — Yo qudratingdan, oʻzi biladimi shuni, koʻrdimi ularni?
— Oʻgʻlini koʻrdi. Xadichani orqasidan taloq qilganman, debdi.
— Ana, koʻrdingizmi? — Damin shunday deb xitob qilib, oyoqlarini tanchadan chiqardi-da, choʻkkalab oʻtirib oldi. — Farosatiga qoyil qoldingizmi? Bitta gap bilan Xadichasini gunohlardan forigʻ qilib yuboribdi.
— Bir-ikki kunda shifoxonadan chiqadi. Turgan gapki oʻgʻlining oldiga bormaydi. Bu yerga ham kelmasa kerak. Balki...
— Gapingizni tushundim. Bugun-erta tushib boraman. Uch-toʻrt kun uyida turaman. Keyin zoʻrlab boʻlsa ham bu yerga olib chiqaman. Yoʻq... yaxshisi Xadichasini oʻziga nikohlab qoʻyish kerak.

Daminning gaplari Solihovga ma’qul kelib, u bilan xayrlashdi.

Shaharga oqshomda qaytdi. Idorasiga borishdan avval Jahongirning holidan xabar olish uchun shifo uyiga bordi. Navbatchi uni kutilmagan yangilik bilan qarshiladi:
— Bemorning oʻgʻli bir odam bilan keldi. Oʻzining aytishicha xitoylik tabib ekan. Bemor uni koʻrib tikilib qoldi. Keyin ahvoli oʻzardi. Tabibni oʻziga yaqinlashtirmadi.

Solihov «Xitoylik tabib ekan», degan soʻzni eshitib, sergak tortdi. Yonidagi suratlarni chiqarib, navbatchi tabibga berdi. U Murodillaning suratini ajratib, «shu kishi» dedi.

«Yoʻlchivoy uni nima uchun olib keldi? Maqsadi nima? Jahongir uni koʻrib, nima sababdan bezovtalandi?»

Mayor Solihov shu muammo bilan Jahongir yotgan xonaga kirdi.
— Oʻgʻlingiz bilan kim keldi? — deb soʻroqni boshladi.

Uning fikricha endi qat’iyroq harakat qilish vaqti yetgan edi. Shu sababli gapni uzoqdan boshlab oʻtirmadi. Mayorning maqsadini Jahongir ham tushundi. «Vaqt oʻtgani sayin ularning asablari qaqshayveradi. Pichoq suyakka taqalibdi. Endi lutfu karam qilib oʻtirishmaydi» — Jahongir shu toʻxtamga kelib, javob berdi:
— Tabib emish.
— Uni tanimaysizmi?
— Yoʻq.
— Damin oshnangiz tanir ekan.
— U aytaveradi.
— Akangizni ham tanigan edi. Akangizning oshnasi Murodillani ham tanidi.
— Damin tanigan boʻlsa tanigandir, men u odamni birinchi koʻrishim.
— Shundaymi? — Solihov unga savol nazari bilan tikildi. Jahongir bu qarashga dosh berolmay, yuzini burdi. Shunda mayor tavakkal qildi: — Siz uni oldin ham koʻrgansiz. Daydidarada, beshinchi oktyabrda...

Solihovning gapi ogʻzida qoldi.
— Yoʻq.

Jahongir jon holatda shunday deb, titroq qoʻllari bilan yuzini changalladi.
— Yoʻq, — dedi yana xirildoq ovozda.
— Uchinchi odam kim edi? — deb soʻradi mayor uning ahvoliga parvo qilmay.
— Bilmayman.
— Siz uni koʻrgansiz, ayting!
— Koʻrmaganman.
— Akangizni nima uchun oʻldirgan?
— Bilmayman...
— Qasdi boʻlsa, endi navbat oilasiga yetsa-chi?
— A? — Jahongir mayorga baqrayib qarab qoldi. U shunday boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻrmagan edi. «Bu qanaqasi?! Yetdim deganimda yiqilamanmi, ulardan ajraymanmi?» Shu fikrning oʻziyoq badanini muzlatib yubordi.
— Nachaynik, meni bu yerdan chiqaring, — dedi u gʻoʻldirab. — Uni oʻzim topaman... oʻzim oʻldiraman...
— Yoʻq, azizim, uni oʻldirmaysiz, kimligini bizga aytasiz.
— Kimligini bilmayman... orqasidan koʻrib qoldim.
— Murodillamidi?
— Oʻshanga oʻxshatdim.
— Akangiz bilan Daydidarada uchrashishingizdan u xabardormidi?
— Bilmayman.
— Siz hech kimga aytmaganmidingiz?
— Yoʻq.
— Nima uchun Daydidarada uchrashmoqchi edinglar?
— Yigirma ikkinchi yilda yechimsiz qolgan gapimiz bor edi. Qanaqa gap, deb soʻramang, sizga dahli yoʻq.
— Harholda Daydidaraning tanlanishi qiziq menga.
— Daydidara — tabarruk joy, — Jahongir shunday deb picha sukut saqladi. — Avvallari qishloq oqsoqollari oʻsha yerda kengashib yechimga kelmagan masalalarni yechib berishar ekan. Olamni shakkok bosib, u yerning tabarrukligini ham unutishdi. Daydidaraga Ollohning nazari tushgan. Haqiqat yechimi faqat oʻsha yerda.

Solihovga bu izoh erish tuyuldi. «Tabarruk» degan tushuncha bilan gapni aylantiryapti, deb oʻyladi. Jahongirning titrogʻi biroz bosilib, xayolga choʻmganini koʻrib savolni bas qildi.
— Erta-indin Damin oshnangiz kelmoqchi. Bu yerning tabiblari ruxsat berishsa, uyingizga borasiz. Ammo... Mening ruxsatimsiz bir qadam ham bosmaysiz, boshqaga bir ogʻiz gapirmaysiz. Ayniqsa oshnangizga.

Solihov shunday deb chiqib ketdi. Xitoy doʻxturning tashrifi, Jahongirdagi oʻzgarishdan, uning gaplaridan dastlab lol qoldi. Endi biroz fursat oʻtib esa, tugunlar yechimini koʻrganday boʻldi. Chigal ishlar zimiston koʻchalarga boshlab gangitgan choqda milt etgan chiroq ham odamning koʻziga olamni yoritguchi quyoshday koʻrinadi. Murodilladan shubha qilmoq uchun Solihovda hali yetarli asos boʻlmasa-da, ayrim narsalarni sinab koʻrishni lozim topdi. Shu maqsadda bosh tabib xonasiga qaytdi.
— Muhammadrizaevning oʻgʻli «Otamning dardiga davo bersin», deb xitoylik tabibni boshlab kelgan. U odam qanday shifo berishi mumkin? — deb soʻradi u.
— Ularning eng koʻp qoʻllaydigan usullari — igna bilan davolash. Badanda asab hujayralarining ma’lum nuqtalari mavjud. Xitoylilk tabiblar nihoyatda ingichka tilla ignalarini shunday nuqtalarga sanchishadi. Shu davo usuli bilan turli ogʻriqlar toʻxtaydi, qon bosimi moʻ’tadillashadi. Xullas, xitoy tabobati bu sohada koʻp moʻ’jizaga ega. Afsuski, biz buni yaxshi bilmaymiz. Aniqrogʻi, rad etib kelamiz.
— Oʻsha igna bilan odamga salbiy ta’sir ham qilish mumkinmi?
— Qanaqa salbiy ta’sir?
— Masalan... — Solihov oʻyladi. — Masalan... odamni behush qilish yoki aqldan ozdirish...
— Mumkin. Gap oʻsha nuqtani topishda.
— Tabib shunday harakat qilsa, chetdan turib bila olasizmi?
— Yoʻq, men bila olmayman.
— Mutaxassis-chi?
— Uning koʻzini ham shamgʻalat qilish mumkin.

«Agar uchinchi odam xitoy doʻxtur boʻlsa, u Jahongirni yoʻq qilish niyatida shu yerga kelmadimi, ignalari bilan uni yoʻqotishga urinmadimi? Yo Muhammadrizaevning tuzalib chiqishini kutadimi?»

Solihov shu savollarga javob topish uchun sukutga berildi. «Uchinchi odam uchun Muhammadrizaev xavfli boʻlib qoldi. Muhammadrizaev uni koʻrgan. Demak, uchinchi odam ham uni koʻrib qolgan. U Muhammadrizaevning qotillikni boʻyniga olganini ham eshitgan, ochiqlikka chiqqanini ham bilgan. Hozir oyogʻi kuygan tovuqday pitirlayapti. Xitoy doʻxtur yana kelib koʻrarmikin? Muhammadrizaev uyiga borsa-chi?»
— Bemorning ahvoli qalay, uni uyiga joʻnatish mumkinmi? — deb soʻradi Solihov aniq qarorga kelib.
— Yana picha davolanishi kerak.
— Uyida yotib davolansa-chi?
— Agar zarur desangiz... iloj qancha?
— Biz sichqon qopqonga qachon tusharkin, deb poylay olmaymiz.
— Tushunarli. Uyiga borib xabar olib turamiz.

Solihov bosh tabibga minnatdorchilik bildirib, xayrlashdi. Idorasiga borib, toʻgʻri Ramazonovning xonasiga kirdi. Kapitan bir dasta hujjatlarni stol ustiga yoyib olib, bosh qotirib oʻtirardi. Solihovni koʻrib, oʻrnidan turdi.
— Katta yoʻqladilar, — dedi u. — Yangilikni eshitgandirsiz?
— Jabborovnimi? Eshitdim. Bizga osilmasa edi, deb turibman. Bir-ikki ogʻir gap aytgan edim, bunaqa odamlar kekchi boʻlishadi.
— Osilishni boshlabdi. Muhammadrizaevni ozod etganimiz uchun tanbeh beribdi. Qamoqqa olishni buyuribdi.
— Shu yermay turuvdi, — Solihov shunday deb shoshilib chiqdi. Avval viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻiga, soʻng viloyat prokuroriga vaziyatni tushuntirgach, Jabborovning buyrugʻi bekor qilindi. Solihov biroz yengil tortib chiqayotganida prokuror uni toʻxtatdi:
— Qirqbelda bir odam jamiyatni haqoratlaganda siz javob bermabsiz?

Solihov gʻijinib, boʻlgan voqeani qisqacha bayon qildi.
— Siz tajribali odamsiz. Bunaqa sharoitda oʻzingizni qoʻlga olishingiz shart. Yoningizda kim borligini ham unutmasligingiz kerak. Bu masalaga keyinroq yana qaytamiz.

Solihov prokurorning xonasidan asabiylashib chiqdi. Jabborovning yana yuqori martabaga qaytishi, gʻalamisligini betoʻxtov boshlashi uni umidsizlik jari sari yetaklagan edi. Ishga bunday bemavrid aralashishlar ilgari ham tez-tez uchrar edi. Qotil qoʻlga olinay deganda ish toʻxtatilsin, degan buyruq boshlariga gurziday urilib, tovonlariga qadar zirillatib yuborardi. Yoki, aksincha, shubha ostidagi odamning beaybligi isbotlanay deganda, ishni sudga oshirishga majbur etishar edi. Shunday onlarda oʻzlarini haqiqat uchun kurashuvchi degan solihovlar temir qafasda na’ra tortayotgan yoʻlbars holiga tushar edilar. Choralari yoʻq edi unda. Endi yaxshi kunlar yuz ochib, yaxshilar qafas qulfiga kalit solgan edilar, qafasni ochamiz, adolatni erkin qush kabi moviy osmonga uchiramiz, deb edilar... Kalit qulfga solindi-yu, buralmadi... adolat qushi ham, haqiqat yoʻlbarsi ham tang ahvolda qolaverdi.

Solihov idoraga qaytganida kapitan Ramazonov uni betoqatlanib kutar edi.
— Siz hozir uyingizga borib, damingizni oling. Ertalab Tepabelga joʻnaysiz. Rahmatullaevni bilgan odamlarni topib, gaplashasiz. Keyin Qirqbelga oʻtib, Damin Eralievni boshlab kelasiz. Muhammadrizaevni ertaga uyiga qaytaramiz. Endi bu yogʻiga mushuk-sichqon oʻyini boshlanadi. Biz sichqon deb oʻylayotganimiz tulki boʻlib chiqishi ham mumkin. Ertaga ertalabdan Muhammadrizaev uyi doimiy nazoratga olinishi kerak. Aslida ilgariroq nazorat qilishimiz lozim edi.

Solihov gap tamom, deganday stol ustiga kafti bilan urib qoʻydi.
— Asosiy gumon marhumning yaqinlariga qaratiladimi?
— Sizda boshqa fikr bormi?
— Muhammadrizaevning yaqinlari-chi? Turkiston legionida orttirgan doʻstlarini bilmaymiz-ku?
— Hozir siz bilan ikki qirgʻoqqa oʻtirib olib bahslashishga fursat yoʻq. Tavakkal qilamiz: qotil kimning yaqini boʻlishidan qat’i nazar Muhammadrizaevni oʻldirishga harakat qiladi. Uning boshqa chorasi yoʻq.
— Muhammadrizaevni qurbon qilib, ogʻzimizni ochib qolmaymizmi?

Solihov okapitanni chuqur mulohaza yuritgani uchun yaxshi koʻrardi. Mulohaza degani haddan ziyod chuqurlashib ketsa ham boʻlmas ekan — Solihov qoʻpol tarzda javob qaytarganini oʻzi ham sezmay qoldi:
— Ogʻiz ochib, chapak chalib qolmaslik uchun kamroq gapirib, koʻproq oʻylash kerak.

Kapitanga bu gap gʻoyat malol keldi. «Men bilan bunday muomala qilmang», demoqchi boʻldi-yu, gap chuvalashib ketishi mumkinligini fahmlab tilini tiydi. Osoyishtalikning yagona yoʻli ham shu — bir tomon jirillaganida ikkinchi tomon ogʻirlikni boʻyniga olmogʻi darkor.

Solihov marhumning uyiga hozir borsammi yo tong sahardami, deb ikkilandi. Oxiri, kech boʻlsa ham hozir borish shart, degan qarorga kelib, oʻrnidan turdi. Koʻchaga chiqib «kazbeg»ini tutatayotgan Ramazonovni koʻrdi-da, unga yaqinlashdi.
— Bizning ishimizda shunaqa nohaqliklar ham boʻlib turadi, mendan ranjimang, — deb xayrlashdi-da, eski shahar tomon yurdi.

Darvozaning taqillashidan choʻchib uygʻongan Yoʻlchivoy Solihovning ovozini eshitib, ham ajablandi, ham xavotirlandi. Mayor darvozaxonaga oʻtib, ichkari kirishga unamadi.
— Bemahalda bezovta qilishimning sababi bor. Ish tezlashib ketdi, — dedi u uzrli ohangda. — Masalani tez yechmasak, otangiz qora kursiga oʻtiradi. Siz bugun Murodilla Rahmatullaevni shifoxonaga boshlab boribsiz. Uni siz taklif qildingizmi yo oʻzi borib koʻrishni ixtiyor qildimi? Har bir gapni yaxshilab eslab, aniq javob bering.

Nogahoniy tashrifdan va mayorning gapidan gangigan Yoʻlchivoy oʻychanlik bilan gap boshladi:
— Ayam betoblar. Murodilla amakim ertalab xabar olgani chiquvdilar. Dadamni yoʻqlaganimni aytdim.
— U odamning yangilikdan xabari bormi?
— Ha.
— Qachon xabar topgan?
— Ayam betoblangan kuni... Siz Safarqul akani boshlab kelgandingiz.
— Muhammadrizaevning qotillikni boʻyniga olayotganini bilarmidi?
— Bilardilar.
— Aybi isbotlanmay, ochiqlikka chiqqanini bilganidan keyin nima dedi?
— Siz Murodilla amakimdan gumonsirayapsizmi?
— Savol bermay, javob qaytaring. Nima ish qilishni biz oʻzimiz yaxshi bilamiz. Demak, nima dedi?

Yoʻlchivoy oʻylanib, yelka qisdi.
— «Otang xasta boʻlsa, borib koʻrib qoʻyaymi», dedilar, xolos. Xoʻp, dedim, olib bordim.
— Siz bu odamni necha yildan beri taniysiz?
— Esimni taniganimdan beri.
— Bugun otangizga yaqinlashmabdilar, eshitdim. Ertaga yana olib borish kerak.
— Nimaga?
— Shunday qilish kerak. Mening kelganimni, ayniqsa, taklifimni bildirmang. Otangizning sihatidan bezovta ekaningizni ayting. Keyin... gap orasida «Otam qotilni koʻrib qolgan ekanlar», deng.
— Rostdanam Murodilla amakimdan shubhalanyapsizmi?
— Ishimiz shunaqa — haqiqatga shubhalar orqali boramiz. Rahmatullaev onangizga igna sanchadimi?
— Yoʻq, ayollarga yangam qoʻyadilar.
— Harholda... ish bir yoqlik boʻlmaguncha qoʻydirmay turinglar. Siz vahimaga tushmang. Lekin e’tiborsiz ham boʻlmang. Endi men onangiz bilan ham gaplashib olishim kerak.

Yoʻlchivoy «Yoʻq, deb chiqarib yuboraymi», degan xayolda turganida Solihov uning yelkasiga qoʻlini qoʻydi.
— Gaplashib olishim muhim. Endi maqsad faqat qotilni topish emas. Endi otangiz bilan onangizning hayotlari ham qil ustida boʻladi. Boshqa qurbonga yoʻl bermaslik uchun aniq va tez harakat qilishimiz shart...
— Yuring, — Yoʻlchivoy shunday deb uni mehmonxonaga boshladi. Chiroqni yoqib Solihovni ichkari taklif etdi-da, oʻzi onasi yotgan xonaga kirdi.

Mehmonxona orasta: oʻrtada xontaxta, atrofga gulli koʻrpachalar toʻshalgan. Xontaxta ustidagi ne’matlar ustiga dasturxon yopib qoʻyilgan. Solihov koʻrpachaning bir chetiga oʻtirdi. Boshiga uzun roʻmol tashlab, yuzini toʻsgan Xadicha ichkari kirib salomlashdi.
— Yanga, gaplarimdan choʻchimay, faqat toʻgʻri javob bering. Oʻtmish ayblaridan qoʻrqmang. Endi Jahongir Muhammadrizaevning taqdirini oʻylashimiz kerak. Uni biz qoʻyib yuborganimiz bilan qotil tinch qoʻymas. Muhammadrizaev qotil emas, u asosiy guvoh, jinoyatchilar guvohlardan qutulishga harakat qilishadi.
— Voy shoʻrim, — dedi Xadicha. Solihovning bu gapidan soʻng, uning nazarida, badbashara bir maxluq Jahongirning jonini sugʻurishga shaylangan edi.
— Murodilla Rahmatullaev yigirma ikkinchi yilda sizlar bilan birga ketgan, asli Tepabeldan boʻlgan, toʻgʻrimi?

Xadicha darrov javob bermadi. Oʻgʻliga qarab oldi. Keyin past ovozda «toʻgʻri», deb qoʻydi.
— Ketish manzarasini eslang. Siz kim bilan yoʻlga chiqdingiz?
— Dadasi bilan.
— Qaysi dadasi?

Xadicha nima deb javob berishni bilmay taraddudlandi.
— Olamgir Muhammadrizaev bilanmi?
— Ha... Aka-uka masjidga chiqib ketishgan edi. Opam... ovsinim kirdilar. Tez tayyorlaning, ketmasak mol-mulkimiz ham, oʻzimiz ham oʻrtada boʻlar ekanmiz, dedilar. Bir sidra kiyim oldik. Keyin dadasi keldilar... Dadasi bir yumush bilan boshqa yoqqa ketgan ekanlar.
— Jahongir Muhammadrizaevmi?
— Ha, shu kishi... Izimizdan yetib boradilar, deyishdi. Yetib kelmadilar. Shumxabar yetkazdilar.
— Kim yetkazdi?
— Shu... Murodilla aka.
— Rahmatullaev sizlarga keyin yetib keldimi?
— Ha, uch kishi edi ular. Yoʻlda aza ochdik... Tirik ekanlarini koʻnglim sezardi. Ammo choram yoʻq edi-da...
— Olamgir Muhammadrizaev bilan bu haqda keyin hech gaplashmaganmisiz?
— Yoʻq.
— Rahmatullaev uchinchi yo toʻrtinchi oktyabrda bu yerga kelmaganmi?
— Kelganlar.
— Nimalarni gaplashishgan?
— Bilmasam... gap poylash odatim yoʻq.
— Gaplarida, qarashlarida oʻzgarish sezmaganmisiz?

Xadicha javob bermadi. Hamisha chaqchaqlashib oʻtiruvchi ikki oshnaning past ovozda gaplashayotganidan ajablangan edi. Xadicha shum xabar yetkazgani uchun Murodillani yomon koʻrib qolgan edi. Qashqarda yashab yurganlarida bir kuni jur’at qilib eriga: «Shu oshnangiz kamroq kelsa edi, qarashi sovuq», degan, bunga javoban Olamgir achchiqlanib: «Musofirlikda qishlogʻimning iti boʻlsa ham ogʻa-ini tutinaman», deb edi. Olamgir bu oshnasidan choʻchirmidi yo behad hurmat qilarmidi, Xadicha shularni xayoliga keltirdi-yu, biroq «begunoh odamni yomonotliq qilib qoʻymayin», degan istiholaga borib, tiliga chiqarmadi.

Oqibat

Jahongir shifoxonadan chiqqanidan keyin yuz beradigan voqealar.

Mayor Solihov ketgach, Jahongir oʻrnida yota olmadi. Turib, deraza oldiga bordi. Simyogʻochdagi chiroq yoqib qoʻyilgan, atrofga hali qorongʻulik choʻkmagani uchun chiroq oʻlar holda lipillab turganday koʻrindi. Qor uchqunlari ham jonsiz — qoʻnim topmay shamol hukmida uchib yuradilar. Shifoxona hovlisi kimsasiz. Yoʻqlovchilar ketib boʻlishgan. Hamshiralar kechki muolajani hali boshlashmagan.

Jahongir koʻzi hovlida boʻlsa-da, bularni koʻrmaydi, sezmaydi. Mayor uning koʻzi oldida goʻyo oʻq oʻtmas qalin parda osib ketganday. Jahongir shu parda ortida nima borligini, kim turganini koʻrmoq istaydi. Mayor uning birdaniga boʻsh kelganidan quvondi. U «Qasdi boʻlsa, endi oilasiga navbat yetsa-chi?» degan gapim ta’sir qildi, deb oʻyladi. Ha, toʻgʻri, bu gapdan Jahongir seskandi. Lekin mayor uning yuragida shundan soʻng bir fitna uygʻonganidan bexabar edi.

... Jahongir akasining murdasini koʻriboq «Qasos Haqdan boʻlibdi», deb oʻyladi. U qochib borayotgan odamni uzoqdan koʻrdi, taniganday ham boʻldi. Shunga qaramay, qotillikni boʻyniga olishiga uch sabab bor edi: birinchisi — asar davomida qayta-qayta eslaganimiz — bu ishni men amalga oshirishim lozim edi, degan qat’iy oʻy; ikkinchisi — baribir menga ishonishmaydi, degan fikr; uchinchisi esa — bu hayotdan batamom toʻydim, degang ishonch edi. Butun ilinji — qasos unga ravo koʻrilmagach, endi yashashning hojati yoʻq, degan qarorga kelgandi.

Kunlar oʻtib, voqealar oʻzgarib, oʻgʻlini koʻrgach, oʻzi sezmagan holda gunohlariga tavba qila boshladi: yashashni istab qoldi. Shu istak uni fitnaga tortdi. U ozodlik shabadasini his etgach, akasining qotilini oʻldirish bilan murodiga yetmoqchi boʻldi. Qamoqda yotganida ham bu xohish bosh koʻtarib qolar, biroq, toshdevorlar, temir panjaralar bu xohishni birpasda boʻgʻib tashlar edilar. Endi toshdevor yoʻq, temir panjara yoʻq, fitnani amalga oshirish yoʻlidagi toʻsiqlar olib tashlandi. Endi hamma gap rejani toʻgʻri, binoyi tuzishda. Reja degani ham suyuq ayolga oʻxshagan bevafo boʻladi. Jahongir oʻttiz uch yil badalida akasi bilan uchrashuv rejalarining ming bir xilini tuzdi. Oqibat nima boʻldi: bironta rejasi ham vafo qilmadi. Soʻnggi uchrashuvga, Ollohning nazari ostida gunohlardan poklanib olishga akasining bir mal’unni boshlab kelishi mumkinligini hisobga olib edimi? Yoʻq. Daminnikiga kirmay, uning tanchasini ochmay, toʻgʻri Daydidaraga kelganida bu mashmashalar yoʻq edi.

Chinor tomon koʻtarilayotganda oʻsha tomondan oʻq ovozi eshitilgach, Jahongir xavotirlanib, qadamini tezlatgan, toyib ketib, yonboshiga yiqilgan edi. Hozir, shifoxona derazasi yonida turganida ham qulogʻi ostida oʻq otilganday boʻldi. Seskanib, atrofiga alangladi, quloq tutdi. Atrof sokin. Qamoqda yotgan paytida ham ikki-uch bor xuddi shunday oʻq ovozini eshitganday boʻlgan edi. Oʻshanda ham qonga belanib yotgan akasi, atrofga alanglab qochib borayotgan qotil koʻz oldiga kelgandi. Oʻshanda ham oʻylab oʻyiga yetmagan edi: Daydidarada faqat aka-uka uchrashishlari lozim edi. Oʻttiz uch yil muqaddam Xudo bittagina bargni uzmay, bu boshlarini shuncha kulfatlarga duchor etdi. Endi barg uzilishi, soʻnggi oʻq otilishi shart edi. Akasi buni bilardi. Bila turib nima sababdan oshnasini boshlab keldi — oʻzini himoya etish uchunmi yo Jahongirni oʻldirish uchunmi? Akasi oʻshanda ham qoʻrqqan edi. Qarigan chogʻida ham oʻlimdan shunchalik qoʻrqdimi ekan? Boshlab kelgan odami nima sababdan uning oʻzini oʻldirdi?

Jahongir bu savollarga javob topishga ojiz edi. Bu dunyoda boylik boʻlgani uchun ham yolgʻon, tilyogʻlamalik, yovuzlik borligini bilmasmidi? Bilardi. Faqat yovuzlik chegarasini belgilashga qodir emasdi. Otasini oʻldirgan bu yovuzlik akasiga ham chang solganini hali bilmas edi. Jahongir akasining bir kun avval ukasi bilan orani ochiq qilmoq uchun Daydidaraga borajagini oshnasiga aytganidan xabarsiz edi. Olamgir esa oʻsha kech oʻyga tolib oʻtirgan oshnasining koʻnglida kechayotgan gaplarni bilmasdi. Oshnasi ertaga boʻlajak aka-uka mojarosini emas, oqibatda topilishi mumkin boʻlgan tillalarni oʻylardi. U oʻttiz yildan ziyod vaqt mobaynida bu oqsoq bilan bekorga oshna boʻlib yuribdimi? U yigirmanchi yilda, Zafarbek bilan togʻ kezgan chogʻlarida bekning tilla toʻla xurjunini koʻrgan, lekin bu xurjunning qayga yashirilganini payqamay qolgan edi. Zafarbek qizillar pistirmasiga duch kelib, shahid ketdi. Oʻshanda xurjun yoʻq edi. Bek Muhammadrizonikida tunab, yoʻlga chiqqan edi. Demak, xurjun shu atrofda qolgan. U Olamgirni xorijga oʻtishga undaganida shu xurjun topilishidan umidvor edi. Olamgirning boyligi bor edi, biroq, bu boylik uning moʻljaliga mos emasdi. Jahongirning bu tomonlarda qolib ketishidan «xurjun shunda», degan xulosada yurardi. Zafarbekning xurjuni haqidagi uning tusmoli bir jihatdan toʻgʻri edi. Chindan ham bek xurjunni Muhammadrizoga qoldirgan, bir ulush tillani xizmat haqi sifatida unga bergan edi. Ota esa ulushini bolalariga boʻlib berib, xurjunni Jahongirga ishongan edi.

Kunduzi osmon bagʻriga ming-ming yulduzlarni yashirgani kabi, odam ham bagʻriga behisob sirlarni yashiradi. Beshinchi oktyabrda Daydidara sari yoʻlga otlangan uch odamning bir-birlariga ayon boʻlmagan sirlari, maqsadlari bor edi. Ulardan biri bu sirlarini, maqsadlarini goʻriga olib ketdi. Bittasi oʻlja payida mushukday astoydil payt poylayapti. Uchinchisi shifoxona derazasi yonida muammolar panjasidan chiqolmay turibdi. Tirik qolgan ikki odam reja tuzadi. Rejadan maqsad bir — oʻldirish. Biri oʻlimdan qoʻrqib oʻldirish rejasini tuzadi, ikkinchisi qasos gʻamida, gunohdan forigʻ boʻlish umidida.

Jahongir Murodillaga akasining koʻchasida qoʻqqis duch kelgan edi. Avvaliga ikkovi ham bir-birini tanimadi. Besh-oʻn qadam yurib, xuddi kelishib olganday baravar orqaga qarashdi-yu, koʻzlar toʻqnashdi.

«Tirik ekan-da?» — ikkovining xayolidan shu gap oʻtdi.

Ikkovi ham iziga qaytib bir-biriga roʻbaroʻ boʻldi. Birinchi boʻlib Murodilla salom berdi. Orada oʻttiz uch yillik hijron emas, oʻttiz uch yillik gumon bor edi. Shu bois quchoqlashib soʻrashmadilar. Sovuqqina salomlashdilar. «Uy yonsa suv oʻchiradi, vaqt yonsa ne oʻchiradi», deganlaridek, orada vaqt yonib bitgan edi. Jahongir jilmayishga urinayotgan koʻzlarda hadik koʻrdi.
— Jahongirjon, inim, Xudoga shukr, tirik ekansiz. Endi Xudo xohlasa yopiqlik qozon yopiqligicha qolaversin. Biz musofirlikda jazomizni tortdik...

Jahongir indamadi. Murodilla yopiqlik qozon deb, nimani nazarda tutganini anglamadi. Murodilla qishloq faollarini otganim, soʻng oʻt qoʻyganimdan Jahongir xabardor, deb yanglishgan edi. Jahongir «Faollarni boshqa qishloqlik yigitlar otgan», degan gapni eshitgan, biroq u yigitlarning kimligini hanuz bilmas edi. Murodillaning gapidan soʻng «oʻshalardan biri shu emasmi?» degan shubha uygʻondi. Hozir deraza yonida turgan paytida oʻsha shubhani esladi.

Mayor Solihov Yoʻlchivoyning xonadonida haqiqatni oydinlashtirish maqsadida soʻroq soʻrayotganida Jahongir oham oʻziga kerakli haqiqat yuzini ochish uchun oʻzini oʻzi soʻroqqa tutar edi.

Daydidara voqeasiga aloqador odamlar uchun bu kecha behalovat kechdi.

Ertasiga Yoʻlchivoy «Otam sizni boshqa birovga oʻxshatibdilar, men kimligingizni aytdim», deb izoh berib Murodillani yana shifoxonaga boshlab keldi. Murodilla yigitning bu gapiga unchalik ishonmadi. «Jahongir meni yaxshi taniydi, boshqa odamga oʻxshatishi mumkin emas. Yoʻlchivoy meni laqillatmoqchimi yo u chindan ham meni yoʻqlaganmi?» degan ikkilanish bilan yoʻlga chiqdi. U fitnadan bexabar, koʻnglida hali gumon uygʻonmagan edi. U dahlizga kiraverishda, ostonaga nima uchun hoʻl latta tashlanganu ostonaning u tomoniga qalin qogʻoz toʻshalganiga e’tibor bermadi. Jahongir yotgan xonaga kirgach, oyogʻi iz qolgan qalin qogʻoz darrov olinganini ham bilmadi. Jahongirning tomirini ushlab, yurakning bejo tepayotganini aytib shifoxona bosh tabibining tashxisini isbotladi. «Agar ijozat bersangiz, igna bilan davolayman», deb taklif qildi.
— Biz bugun bemorga ruxsat beramiz. Uylarida davolay qoling. Bu yerda ishlasangiz, bizga gap tegadi, — dedi bosh tabib.

Bu taklif Murodilla uchun muddaoning oʻzi edi. Dahlizga qaytib chiqishgach, u bosh tabibni chetga tortib:
— Ahvoli unchalik umidbaxsh emas, lekin urinib koʻraman, — dedi.

Murodilla ketgach, bosh tabib xonasiga qaytib, Solihovga u aytgan gapni ma’lum qildi.
— Ehtiyot boʻlinglar, bemor u aytganchalik ogʻir kasal emas. Uning ogohlantirishida bir sir borga oʻxshaydi, — dedi.
— Buni bilamiz, rahmat sizga, — dedi Solihov. — Bemorga ruxsat bering.

Solihov aytganiday, Jahongirga oqshomda ruxsat tegdi.

Kecha qor uchqunlarini oʻynab yurgan shamol tingan, havo ochiq, joyimni boʻshatmayman, deb oʻjarlik qilayotgan kuz bilan «Boshqa ilojing yoʻq, hademay qor boʻronlarim bilan bostirib boraman», deb poʻpisa qilayotgan qish oʻrtasida osoyishta muzokara boshlangan edi.

Bir necha kun qamoqda zax, sassiq aralash havoda, soʻng shifoxonada dori isini hidlay-hidlay oʻpkasi kirlangan Jahongir koʻchaga chiqdi-yu, chuqur-chuqur nafas oldi. May lazzatini mast bilur, hushyorlarga mundan nima bahra bor, deganlaridek, ozodlikda bir martagina boʻlsin chuqur nafas olish lazzatini Jahongirdan soʻrash kerak. Ayniqsa, endi ozodlikdan bebahraman deb, oʻlimni boʻyniga olib qamoqqa kirgan odam uchun toza havodan nafas olish onadan qayta tugʻilganday gap edi.

Uning shoshiladigan yeri yoʻq edi. Eski shahar dehqon bozori biqinidagi hammomga kirib, rohatlandi. Undan choyxonaga oʻtib, choy ichdi. Nazarida Xudo uni «soʻnggi marta erkinlik nash’asidan, hammom, choyxona degan moʻ’jizalardan bahra ol, soʻng joningni achinmay topshirasan», degan shart bilan qamoqdan chiqargan edi.

Jahongir yoʻlda ketayotganida, ayniqsa hammomga kirayotganida izidan odam tushganiga ishonch hosil qildi. Hozir ham eshik yonidagi soʻridan joy olgan ikki yigitning koʻzlari bejo edi. «Nomiga ozod etishgan. Mendan tuzoqqa qoʻyiladigan yolgʻon xoʻrak oʻrnida foydalanishmoqchi. Men ularga tutib beramanmi? Yoʻ-oʻq, yanglishasiz taqsirlarim. Oʻzim pishirgan oshni oʻzim ichaman...» — Jahongir shunday fikrga kelib choyxonadan chiqdi.

Uyiga borib, Daminni koʻrdi-yu, «mayorning gapi chin ekan-da», deb oʻyladi.
— Senam milisaga yollanganmisan? — dedi oshnasi bilan salomlashgach.
— Qamoqdan chiqdingmi yo garmdori ustiga agʻanab kelyapsanmi, buncha tiling zahar? — dedi Damin koʻngli ozor chekib.
— Orqamdan odam qoʻyishgan. Seni bekorga chaqirishmagandir?
— Chaqirishdigina emas, olib kelishdi.
— Ha, ana, hatto olib kelishibdi. Senga qanday topshiriq berishdi?
— Oshnangiz betob, uch-toʻrt kun hamroz boʻlib, soʻng qishlogʻingizga olib keting, deyishdi. Ishonsang, ishonmasang, bor gap — shu.
— Akamni tanibsan, Murodillani tanibsan — yaxshi. Endi meni poylaysan. Qochib ketsam, borib aytasan. Murodilla oʻldirmoqchi boʻlsa, koʻksingni qalqon qilasan. Sening vazifang shu, bilib ol.
— Yana bitta chirigan gap aytsang, jiyda-xaltamni koʻtarib ketvoraman. Men jonim achib, sogʻinib kelsam, bu qopadi-ya!

Jahongir sal oshirvorganini fahmlab, «Bu bechorada nima ayb», deb uni quchoqladi. Yuzini yuziga qoʻydi.
— Men dardimni sendan boshqa kimga aytaman, — dedi shivirlab.

Damin uyni yigʻishtirib, primusni yoqib, qozonga bir boʻlak goʻsht tashlab, qaynatib qoʻyishga ulgurgan edi. Xontaxtaga dasturxon yozib, oʻzi olib kelgan qand-qurs, ikkita yumshoq non, choynakda choy qoʻygan, uy mehmon kutayotgan bir fayzga ega boʻlgan edi. Buni koʻrib Jahongirning tomogʻiga yigʻi bostirib keldi: koʻpdan beri uni hech kim bir burda nonni ilinib kutmagan edi.

Jahongir uzatilgan bir piyola choyni ichib, oʻrnidan turdi-da qoziqdan joynamozni oldi.

U ibodat qilardi. Damin esa unga qarab oʻtirib xayolga tolgan edi. «Jahon, qanday yigit edi-ya! Togʻni urib talqon qilarli kuchi bor edi. Birovga soʻzini bermasdi. Endi-chi? Moʻmin bir odamga aylanibdi. Bu qamoqlar, xoʻrliklar uni sindiribdi. Uzoq vaqt qullikda oʻtgan odam qoʻlidagi kishanga muhabbat qoʻyadi, deyishadi. Toʻgʻri shekilli».

Doʻstiga tikilib, xayolga botgan Damin yanglish xulosa chiqargan edi. Toʻgʻri, Jahongirning avvalgi jumardligi endi yoʻq. Toʻgʻri, Jahongir hayot, borliq deb ataluvchi koʻrinmas devorga koʻp marta boshi urilib azob chekdi. Toʻgʻri, u ibodatni kanda qilmaydi. Lekin bu — yuragidagi poʻrtana koʻlmakka aylandi, degan gap emas. Hayot uni kalaka qilgani, ezib-yanchgani holda, bu poʻrtanani vaqtida jilovlashni ham oʻrgatdi. U ilgari ham toat-ibodatni kanda qilmas edi. Ammo Zokirxoʻja bilan suhbatlar qurgach, uning taqdirini koʻrgach, bu jafolardan qutqaruvchi faqat Xudo deb, butun borligʻini unga hadya etdi. «Bu dunyoda biz muhabbat qoʻygan narsalar aldamchi, bizni tashlab ketadi. Faqat Yaratganga boʻlgan muhabbatgina haqiqatdir» — Zokirxoʻja aytgan bu aqida uning qoniga, joniga singdi. «Shu muhabbatim evaziga Xudo meni niyatimga yetkazdi», deb qattiq ishondi. Hatto akasi boshqa odam qoʻlidan qazo topganida ham bu muhabbatdan kechmadi. Hozir Yaratganga yana yuzlanib, maqsadini bayon qilyapti, undan madad soʻrayapti...

Namozdan soʻng ham Jahongir uzoq vaqt harakatsiz oʻtirdi. U xayolan fano joddasi orqali baqo dashtiga oʻtgan, erkin ruhlarga bandi boʻlgan edi. Damin unga xalal bermaslik uchun jim oʻtirdi. Oxiri toqati toq boʻlib, yengil yoʻtaldi. Shu yengil yoʻtal Jahongirni mavjudlik dunyosiga qaytardi — duo oʻqib, yuziga fotiha tortib, oʻrnidan turdi.

Qaynatma shoʻrvani ichib boʻlishgach, Jahongir oshnasidan savol kutdi. Daydidaradagi fojiani, qamoqdagi gaplarni soʻrar, deb oʻyladi. Lekin Damin bu haqda ogʻiz ochmadi. Uning boshqa mavzudagi gaplari ham Jahongirga «Qirqbelga chiqib xayrlashishing boshqacha edi-ku», degan kinoya bilan jaranglaganday boʻlardi. Jahongir bunga ortiq toqat qilmay izoh bera boshladi:
— Men boshqa koʻrishmasak kerak, deb oʻylovdim. Oʻlimni chaqirsang kelmas ekan, yayrab-yashnayman, deganingda qoʻqqisdan bostirib kelsa kerak.
— Kishi agar yuz, agar ming yil yashasa ham oʻladi. Faqat bu kuch qachon kelishini bilmaydi. Umrimiz boricha yashayveraylik-chi.

Jahongir bu gapini eshitib, mudarrisi tez-tez takrorlaydigan baytni esladi:
— «Agar sad sol moni var yake roʻz,
Biboyad raft azin koxi dilafroʻz».

Daminning forschaga tishi oʻtmas edi.
— Oʻzbekchalab tushuntir, — dedi u.
— Oʻzbekchasi sen aytgan gapga oʻxshaydi: agar yuz yil va agar birgina kun yashasang ham, koʻngil ochuvchi bu qasrdan ketish kerak boʻlur.
— Ha, afsuski, ketish onlarimiz yaqinlashyapti. Men oʻlib ketishimdan afsuslanmayman. Armonim boshqa — havoda qushning, suvda baliqning, hayotda esa bizning izimiz qolmaydi. Shunisiga dogʻman.

Jahongir sukut saqladi. Soʻng doʻstini ranjitib qoʻymaydigan ohangda dedi:
— Damin, mening izim qoladi. Xudoga shukr, oʻgʻlim, nevaralarim bor...
— Bilaman... Shuning uchun endi koʻproq yashashing kerak.
— Sen afsus chekma. Odamlar yuragiga yaxshilik urugʻini qadagansan. Sening izing shu. Odamning barcha yaxshi-yomon ishlari ketidan soyadek ilashib yuradi. Sening yaxshi ishlaring koʻp. Men birovga yaxshilik qilishga ham ulgurmadim. Men armon qilsam arziydi.
— Sen... Xadichani taloq qilgan ekansan... Endi... nikohingga ol.

Jahongir darrov javob bermadi. U doʻstiga koʻnglidagi niyatini oshkor qila olmas edi, shu niyati nikohga yoʻl bermasligini tushuntirishga haddi sigʻmas edi.
— Koʻp oʻylama, shariat yoʻl beradi, — dedi Damin.
— Shariat-ku, yoʻl beradi... — Jahongir shunday deb xayoliga kelgan bahonadan quvondi. — Iddat degan qoidalar bor.
— Iddating nima?
— Beva ayol erining vafotidan soʻng bir yuz oʻttiz kun sabr qilishi kerak. Shu vaqtgacha men unga nomahramman.

Damin tizzasiga shapatilab qoʻydi. Yarim tunga qadar ikki oshna oʻtgan-ketganlarni eslab, gaplashib oʻtirishdi.

Ertalab Damin uygʻonganida Jahongir tasbeh oʻgirib oʻtirardi. Endigina tong otgan, tunning oʻzi chekingani bilan, salqini hali hukmron edi. Koʻcha tomondan charxning shigʻillashi, charxchining «Pi-choq chax-layman!» degan xitobi eshitilardi.
— Namuncha ertalabdan kelmasa bu charxching, — dedi Damin oyogʻiga maxsisini kiya turib.
— Bu charxchi anoyi emas, pichoq bahona meni poylayotgandir.

Damin uning gapiga ishonmay, koʻcha eshigini ochib qaradi: charxchi — oʻrta yosh kishi — qoʻli ishda-yu, koʻzi alang-jalang edi.

Nonushta qilib oʻtirishganda eshikda Yoʻlchivoy, soʻng Murodilla koʻrindi. Jahongir uning albatta kelishini bilardi. Lekin bunchalik tez yoʻqlar, deb oʻylamagan edi. Ular bir piyoladan choy ichishgach, Murodilla muddaoga koʻchdi:
— Kecha oʻrtogʻingizni shifoxonaga borib koʻrgan edim. Rozi boʻlsalar bugun muolajani boshlasak, — dedi u Daminga qarab. — Kasalning kelishi oson, ketishi qiyin deydilar.
— Damin, bu kishi Xitoydan kelgan tabiblar. Seni ham koʻrib qoʻyadilar, — dedi Jahongir hayron boʻlib oʻtirgan doʻstiga.
— Xitoylik deysanmi? Taqsir, men sizni bir odamga oʻxshatdim. Tepabellik Murodilla aka emasmisiz?

Murodilla kulimsiradi.
— Xotirangizga balli, oʻsha odamman. Men sizni tanimadim-ku?
— Biz u paytda yalangoyoq boʻz bola edik. Koʻrgan boʻlsangiz ham bizga oʻxshagan chuvrindilarga e’tibor bermasdingiz. Ot oʻynatib yurar edingiz. Rahmatli Olamgʻir aka bilar ulfatchilik qilardingiz...
— Hammasini bilan ekansiz. Tuz-nasiba bor ekan, Xitoyga oʻtib, unda tabiblikni kasb etdim. Qani, qoʻlingizni bering-chi, ie, oshqozonga ovqat yaxshi botmas ekan-ku?

Jahongir Murodillani zimdan kuzatib, fikrni chalgʻitishga ustaligiga tan berdi. Damin esa joniga darmon boʻluvchi tabibni uchratganidan xursand, mayor Solihov surishtirib borganida koʻnglida oralagan shubhani unutayozgan edi.
— Oyogʻim qattiq ogʻriydi, aka, — deb hasrat boshlaganida Jahongir uning soʻzini shart boʻldi:
— Damin, tabib akang sen bilan meni davolayman, deb yuribdilar. Sen Yoʻlchivoy bilan hovliga chiqib, gaplashib tur. Mening bu kishiga aytadigan soʻzim bor.

Damin ham, Yoʻlchivoy ham bu qarordan ajablanib, Jahongirga qarab qoldilar. Yoʻlchivoyning nigohida ajablanish bilan birga xavotir ham zohir edi.
— Ikki ogʻizgina gapimiz bor. Chiqib turinglar.

Ular noiloj turib, chiqishdi. Eshikni yopishdi-yu, lekin uzoqlashishmadi.
— Akamni nimaga oʻldirdingiz? — dedi Jahongir unga tik qarab. U Murodilla bu savoldan gangib qolar, deb oʻylagan edi. Murodilla bu savolni avvaldan kutgani uchun ham xotirjamligini yoʻqotmadi.
— Akangiz rahmatli nodonlik qildilar.
— Sizni boshlab chiqishlaridan maqsad — meni oʻldirishmidi?
— Nauzambilloh! Qaysi musulmon odam ukasini oʻldiraman, deb qasd etadi. Akangiz sizni insofga chaqirmoqchi edilar.
— Siz-chi?
— Oʻtgan gapni qoʻzgʻamang, chuvi chiqmasin.
— Yaxshi, qoʻzgʻamayman. Endi nima maqsadda oʻgʻlimga ergashib yuribsiz?
— Yoʻlchivoy sizni davolashimni oʻtinib soʻradi.
— Oʻgʻil bola gapni ayting.
— Oʻgʻil bola gapmi? Sizni oʻldirmoqchi emasman. Orqangizdan odam qoʻyilgan, bilaman. Men sizni ham, oʻgʻlingiz, nevaralaringizni ham oʻldirmoqchi emasman.

«Ularni oʻldirishim ham mumkin, lekin oʻldirmayman» degan ma’noda burab-burab aytilgan keyingi soʻz Jahongirni sergak torttirdi.
— Maqsadingizni ayting, — dedi u qat’iy tarzda.
— Soʻzimga tushundingiz-a: men sizni ham, oʻgʻlingiz, nevaralaringizni ham oʻldirmoqchi emasman.
— Maqsadingizni ayting, deyapman!
— Otangiz rahmatlidan qolgan boylik sizga endi kerak emas. Mening esa bola-chaqam koʻp. Musofirlikda aziyat chekkan bandaman.
— Shuning oʻzimi?
— Ha, shuning oʻzi. Keyin qiyomatli ogʻa-ini boʻlib ketamiz. Nevaralaringizning toʻylarini koʻrasiz.
— Inshoolloh!

Jahongir shunday deb unga tikildi. Uni shu yerning oʻzida boʻgʻib tashlasammi deb ham oʻyladi. Hozir tashlansa, shubhasiz, birinchi boʻlib oʻgʻli yugurib kiradi. Soʻng koʻchadagi charxchi... Umidi ushalmay qoladi. «Bu mal’un hiyla ishlatyaptimi, bas, men ham hiyla qilay», degan qarorga keldi.
— Ertaga choshgohda Daydidarada uchrashamiz, — dedi u Murodilladan nigohini uzmay. Daydidarani eshitib, Murodilla yengil seskandi.
— U yerda nima qilamiz?
— Xazina oʻsha yerda. Kerak boʻlsa, borasiz. Ammo dum ilashtirib bora koʻrmang.
— Oʻzingiz ham shunday qiling.

Jahongir undagi xotirjamlikdan, yoʻq, surlikdan tobora battarroq ajablanardi. «Xudoning mard bandasi bir noning yarmini oʻzi yesa, qolgan yarmini darveshlarga beradi, bular esa bir iqlim mulkini olib yana boshqa iqlimni olish fikriga tushgan podshohga oʻxshashadi. Akam bilan ham balki shu boylikni talashishgandir?»
— Shoh Jamshid «Olamni mardlik va zoʻrlik bilan oldik, lekin oʻzimiz bilan goʻrga eltmadik», degan ekan. Siz boylikka toʻymas ekansiz-da?
— Inim, men ham boylikni goʻrimga eltmayman. Aytdim-ku, bola-chaqam bor.
— Kelishdik: oʻrtada — bola-chaqalarimiz.

Shu gap bilan Jahongir Murodillaning bolalari ham garovda ekaniga shama qilib qoʻydi. Murodilla buni shunchaki poʻpisa deb qabul qilsa-da, yuragida xavotir uygʻondi. Yuziga fotiha tortib, oʻrnidan turdi.

Murodilla chiqishi bilan ostonada Yoʻlchivoy paydo boʻldi.
— Amakingizni kuzatib qoʻying, onangizga duo ayting. Bolalaringizni men uchun oʻpib qoʻying. Biz Damin akangiz bilan Qirqbelga joʻnaymiz, meni yoʻqlab ovora boʻlmang.

Bu gapni Damin ham eshitdi. Yoʻlchivoy ketgach, oshnasini savolga tutdi:
— Nimalarni gaplashding?
— Senga aytadigan gap emas.
— Qirqbelga nima uchun chiqmoqchisan?
— Senikiga, mehmonga.
— Darding — Daydidaradir yana?
— Daydirada... E, xomkalla, Yoʻlchivoyga aytish xotiramdan koʻtarilibdi. Shahardagi uyni sotib, qishloqqa koʻchib chiq, Daydidarani bogʻ qil, demoqchi edim. Shu chinor ostida bir samovarxona ochsam, deb niyat qilardim. Yoʻlchivoy eplaydi, nima deding?

Damin u bir baloni boshlayotganini sezdi.

Ular yoʻlga otlanayotganda ozgʻin, qaddi bukik odam eshik ogʻzida koʻrindi.
— E, xayriyat, uyda ekansiz, — dedi u Jahongirga quchoq ochib. — Uch-toʻrt keldim-a, qoʻshnilaringizdan soʻrasam, ular ham bilishmaydi. Tinchlikmi oʻzi?
— Tinchlik, bir oz tobim qochdi.
— Xudo saqlasin. Men sizni yoʻldan qoldirdim, shekilli, — u oʻtirib, fotiha oʻqigach, muddaoga koʻchdi: — Soqov omonatini topshirgan ekan, kecha yettisi ham oʻtdi.

Jahongir pichirlab duo oʻqib, yuziga fotiha tortdi-da, sukutga choʻmdi.

Soqovning ismini bilishmas edi. Elliginchi yilning yozida shaxtada koʻmir qazib yurganida, bir guruh mahbuslar bilan Soqov va mana shu kishi — Shoymardon kelishgan edi. Shoymardon dastlab koʻp yigʻlardi. Taqdiridan nolirdi. Qirq birinchi yilda urushga chaqirilganini, qishloqdan olib ketilgan boʻz yigitlar qoʻliga miltiq berib jangga boshlashganini, hali jangga kirmay, bitta ham oʻq otmay turib asirga tushib qolishganini qayta-qayta, oʻkinib-oʻkinib gapirardi. Boshqalar toʻrt yil jang qilgan boʻlsa, bu toʻrt yil nemis lagerida azob chekkan, soʻng uyiga qaytgan, endi uylanib, odam qatoriga kirganida hibsga olinib, bu yerlarga joʻnatilgan edi. U Jahongirning boshiga tushgan savdolarni bilmas edi. Shu sababli oʻzini eng bebaxt odam deb bilib, taqdirini la’natlardi. Shoymardon bilan birga kelgan Soqov koʻzlarini javdiratib nimadir demoqchi boʻlardi-yu, tushuntirolmas edi. Kabobpazga yordam berib yuruvchi bu odam kabobni Stalinning surati bor gazetaga oʻrab berish gunohligini qaydan bilsin? Jahongir unga nima deb dalda berishni bilmas edi. Faqat Soqovni koʻzlarida yosh koʻrganida yelkalarini silab qoʻyardi.

..Shu jabrdiyda olamdan oʻtibdi. Jahongir oʻlimni kutib yotganida, Azroil Soqovnikida ekan-da...
— Qanoat qila-qila boradigan joyimiz tayin ekan, — dedi Shoymardon, chuqur uf tortib. Keyin Daminga qarab, dedi: — Aka, biz koʻp nohaq jabr tortganmiz.
— Akangiz ham jabr chekkanlar, — dedi Jahongir, — siz-ku, asir tushganingiz uchun qamalgansiz. Bu kishi kitob oʻqiganlari uchun oʻtirganlar.
— Vo. Xudo, necha koʻrgiliklar koʻrdik-a, adolat qolmagan ekan dunyoda.
— Adolat bor, — dedi Damin unga, — lekin adolat deganlari hamisha kuchga xizmat qilgan. Ichki yaralar yuzaga chiqib, endi bilyapmiz bularni. Donishmand deganimiz qoqilgan ekan, orqasidan butun xalq qoqilibdi. Qanoat deysiz. Qanoat tuyada ham bor. Tuyaning qanoati tugab, gʻazabi uygʻonsa, kushxonaga joʻnatiladi. Odamniki tugasa-chi?
— Yaxshi gap aytdingiz, aka, kam boʻlmang. Endi men boray. Sizlarni yoʻldan qoldirmay. Soqovning yigirmasiga birga boramiz, oʻzim kirib oʻtaman.

Shoymardon chiqib ketgach, Jahongir eshikka qulf urib, Damin bilan birga yoʻlga tushdi.

Qirqbelga yaqinlashishganda Jahongir Ajdarqoya sari burildi. Qabristonga borib qor ustiga tiz choʻkdi. Yuqorida ajdarning uchta boshi oq qalpoq kiygan. Pastda doʻmpaygan qabrlar ham oq oʻragan. Jahongir tilovat qildi. Har kelganida ota-onasi bilan xayolan suhbat qurardi. Bu safar ham odatini kanda qilmadi:

«Dada, akamni bagʻringizga oldingiz, gunohlaridan oʻtdingizmi?»

«Mendan rozimisiz? Gunohlarimdan oʻtasizmi?»

Bu ikki savol qayta-qayta takrorlandi, lekin javob boʻlmadi.

Jahongir Daminning uyiga qaytib, u bilan deyarli gaplashmadi. Ertasiga nonushtadan keyin duo oʻqidi-da, oshnasiga iltijo bilan dedi:
— Damin, bergan osh-tuzingga rozi boʻl.
— Jahon, esingni yigʻ, nima qilmoqchisan, menga ayt. Murod keladimi Daydidaraga?
— Damin, jon oshna, soʻrama. Joyingdan jilmay oʻtir. Kechgacha kelmasam, milisaga xabar ber. Yana bir omonat gapimni Yoʻlchivoyga yetkazasan. Daydidaradagi chinordan qibla tomonga ellik qadam sanab odam boʻyi kavlasin. Bobosining omonati oʻsha yerda.
— Jahon!
— Biz birovga yomonlikni ravo koʻrmadik. Oshnachiligimizga xiyonat qilmadik, shunisiga shukr.

Jahongir shunday deb Damin bilan xayrlashdi.

Daydidara kimsasiz edi. Chinor ham, doʻngliklarni turtib chiqqan katta-kichik qoyalar ham, qoyalarga tojday qadalgan doʻlanalar ham sukutda. Jahongir chinorga yaqinlashib, atrofni diqqat bilan kuzatdi. Oppoq qordan koʻzlari qamashdi. Hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, daraxtdan sharq tomonga oʻn qadam oʻlchab pichogʻini qinidan chiqardi. Qorni oyogʻi bilan nari-beri surib, soʻng yerni oʻya boshladi. Jahongir akasi bilan uchrashishdan avval bu yerga kelgan, otasidan qolgan omonatning katta bir ulushini ellik qadam nariga olib chuqurroq koʻmgan edi. U yerni tizza boʻyi oʻygach, pichoqqa bir latta ilashdi. Jahongir latta tugunchani ehtiyotlik bilan olib ochdi. Tugunchadagi toʻpponchani yengiga artdi-da, oʻqdonini chiqardi. Bittagina oʻqni qoldirib qolganini chuqurchaga tashladi. Soʻng oʻrani asliday qilib koʻmdi. Ustiga qor ham surib qoʻydi.

U dam-badam atrofga alanglardi. Qancha tikilmasin, uzoqdagi qoya ortida Solihov, Ramazonov va yana uch yigitning durbinda kuzatayotganini sezmas edi. Solihov Jahongir Qirqbel tomon yurgandayoq uning maqsadini fahmlagandi. Erta tongda u odamlari bilan Daydidaraga yetib kelgan, xuddi boʻriga oʻxshab chinor oʻsib turgan doʻnglikni aylanib oʻtgan edi. Shu sababli bu atrofda odam izlari koʻzga tashlanmas edi.

U toʻpponcha olganida Solihov sergaklandi. Oʻqlarni chiqarib tashlaganda esa «shunchaki qoʻrqitmoqchi shekilli» deb oʻyladi.

Choshgohda Jahongirning qorda qoldirgan izlari yonida yana bir iz paydo boʻldi: Muroddila asta chinor tomon koʻtarila boshladi.

Jahongir oʻng qoʻlini qoʻyniga tiqqan koʻyi qilt etmay turardi. Murodilla undan koʻzini uzmagan holda bir-bir qadam tashlab unga yaqinlashaverdi. Uning oʻng qoʻli paltosining choʻntagida, Jahongir sal nojoʻya harakat qilsa bas — toʻpponchani chiqarib otib tashlashga shay edi.

Oradagi masofa uch qadam qolganida Jahongir orqaga chekindi-da, qoʻynidan pichoq chiqarib yerga tashladi.
— Xazina shu yerda, — dedi u Murodillaga tikilib.

Murodilla bir pichoqqa, bir Jahongirga qarab, nima qilishini bilmay ikkilanib turdi-da:
— Oʻzing kavla, — deb buyurdi.
— Men qul emasman. Birovga xizmat qilib oʻrganmaganman.
— Qazi deyman! — Murodilla shunday deb toʻpponchani chiqardi.
— Qoʻrqitmang meni. Men shartni bajardim. Xazinani koʻrsatdim.
— Qazimasang, ayab oʻtirmayman. Akangning izidan joʻnaysan. U yoqda... nevaralaring bor-a?

Jahongir qorni oyogʻi bilan surib yerni qaziy boshladi.

«Bu akasidan koʻra aqlliroq ekan, — deb oʻyladi Murodilla, uning chaqqon harakatini kuzatib, — akasi ahmoq edi, shu ahmoqligi tufayli oʻlib ketdi».

Jahongir yerni pichoq bilan kavlay turib, dambadam Murodillaga qarab qoʻyardi.

«Olamgir ham taxminan shu yerda turgan edi, — deb oʻyladi Murodilla. — Demak, bilar ekan-da, bila turib aytmagan ekan-da?»

Murodilla tepadan aylanib tushib kelganida Olamgir chindan ham shu yerda turgan edi. Murodillani koʻrib choʻchib tushdi.
— Murod, nimaga kelding? — dedi.
— Seni himoya qilgani, — dedi Murodilla kulimsirab.
— Kelganing chakki boʻlibdi, qayt. Jahon koʻrmasin.
— Koʻrsa koʻraversin.
— Murod, bizning ishimizga sen aralashma.
— Gap bunday, Olamgir: sen shoxida yursang, men bargida yuraman. Mojarolaringni bilaman. Lekin men ham quruq qolmasligim kerak. Ulushimni berasan. Toʻrtdan uchi meniki. Boʻlmasa, men ukangga xotining kim, oʻgʻling kim — aytaman.
— Aytmaysan!
— Aytaman, bunaqa ishlar qoʻlimdan keladi.
— Shunaqami... unda qishloqqa kim oʻt qoʻyganini, faollarni kim otganini men ham aytaman.
— Sen odam emas, toʻngʻizsan, Olamgir. Eskini kavlash toʻngʻizning ishi.
— Sen esa iblissan...

Shu zaylda boshlangan mashmasha soʻnggida Olamgir choʻntagidan pichoq, Murodilla toʻpponcha chiqardi. Tayin gapki, toʻpponcha oldida pichoq ojiz...

«Oʻshanda nima uchun qoʻrqib qochib ketdim, oʻsha kuniyoq hammasi hal boʻlar ediku?» — Murodilla shu savolni avval ham oʻziga-oʻzi koʻp bergan, hozir ham takrorladi.

Jahongir qaddini koʻtarib, Murodillaga qaradi.
— Boʻldi.
— Xurjunni chiqar.
— Kerak boʻlsa, chiqaring, men ketdim.
— Toʻxta, chiqar deyapman.

Jahongir Murodillaga gʻazab bilan tikilib qaradi, soʻng engashib tugundagi tilla tangalardan bir hovuch oldi-da, unga qarab otdi.
— Ma, toʻy, iblis!

Murodilla uning gaplariga parvo qilmadi. Sochilib yotgan tilla tangalarga ochkoʻzlik bilan qaradi-da, yugurib borib oʻraga engashdi. Shu vaqtda Jahongir qoʻyniga qoʻl tiqib soʻnggi, bittagina oʻqi qolgan toʻpponchani oldi.

Bu vaqtda Solihov sheriklari bilan chinorga yaqinlashib qolgan edi.

Xotima

Qissaga shu yerda nuqta qoʻydim. Shu nuqtaga qadar men bilan hamfikr, hamnafas, hamdard boʻlganingiz uchun Sizdan minnatdorman.

Bu uchrashuvdagi soʻnggi soʻzim: Toshkentning kunchiqariga joylashgan, bir vaqtlar ovloq joy boʻlgan Daydidarada, qorniga oʻt qalab, oʻyib tashlangan keksa chinor poyida choyxona bor. Yoʻlchivoyning choyxonasi qaerda, deb soʻrasangiz, yoshu qari yoʻl koʻrsatadi. Xuddi shu choyxonada oʻtirib, hayratlanarli voqealarni eshitganimdan soʻng menda mazkur asarni yozish fikri tugʻildi. Agar bayonimga ishonmasangiz, Daydidaraga boring, oʻz qulogʻingiz bilan eshiting.

Vassalom. Siz bilan yana uchrashish umidida xayrlashaman.

T A M O M

1988
II- qism
 
Keyingi