OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiTilginamdan aylanay (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tilginamdan aylanay (hajviya)
Tohir Malik

Inson bolasining vujudidagi koʻpgina a’zolar aqlning hukmiga boʻysunadi.

Aytaylik, qoʻl, oyoq... hatto koʻz.

Aql «Roʻparangdagi jononga qarama», deb buyruq bersa,

koʻz bechora bu amrga boʻysuna qoladi. Quloqni ayblab boʻlmaydi,

chunki u koʻz kabi yopilish fazilatidan mahrum.

Yaxshi gapni ham, yomonini ham eshitaverishga majbur.

Tanadagi boʻysunmas, oʻzboshimcha a’zolardan biri tildir.

Aqldan buyruq kelmasa ham sayrab tashlaydi. Barcha bani odam singari

kamina ham bu qusurdan holi emaslar. Ihtiyorimsiz aytilgan ayrim gaplarni

sizlarga ilindim, aybsitmaysiz.

Muchal

Bir davrada muchal haqida soʻz yurib qoldi. Kaminadan ham soʻradilarkim:

-Muchalingiz nima?- deb.

Toʻgʻrisini aytishga istihola qilib dedim-ki:

-Xotinimning muchali «it».

-Bizga oʻzingizning muchalingizni ayting, dedilar.

Tilginamdan aylanay, oʻylab ham oʻtirmay, qiynalib ham oʻtirmay shartta dedi-ki:

-Ey birodar, xotinimning muchali «it» boʻlgach, kaminaniki «itboqar»-da!

Qovoq

Doʻstlar bilan gurunglashib oʻtirib edik. Birodarimiz gapning beliga tepib, hali togʻdan, hali bogʻdan soʻzlay boshladi-da, kutilmaganda:

-Men bir yillik qovoqni koʻrdim, balkonda qolib ketgan ekan, bir yilda aynimabdi,-deb huddi ulugʻ kashfiyot qilganday kerilib qoʻydi. Aqlim «koʻrsang koʻribsan-da», deb qoʻya qoldi. Lekin, tilginamdan aylanay, bunga murosa qilmay:

-Shunga ham maqtanasanmi, men ellik yillik qovoqni koʻrganman,-deb yuborsami!

-Lofni ham olib qochasan-da, qani, qaerda koʻrgansan, isbot et,-deb talab qildi birodarim. Aql «hazillashdim», deb qoʻya qol», demoqqa da’vat etdi. Til esa:

-Isbot qilish uchun uzoqqa bormaymiz, ana, koʻzguga qaragin, yelkangning ustida turibdi. Ellik yildan beri aynimasa-ya...- deb yubordi.

Tish va bosh

Doʻstimning kayfiyati chatoqroq edi. Hol soʻrasam, «boshim ogʻriyapti», deb nolidi. Aql «charchagansan, oshnam, dam ol, shirin choy ich...» deb dalda bermoqchi edi, til , hay-hay-hay, shoshqaloq boʻlsang aylanay, dedi-ki:

-E, ogʻayni ogʻriq yomon-da, tishim ogʻriganda oldirib tashlab, qutilgan edim.

Zahar

Xalq ardogʻidagi san’atkor Yodgor Sa’diev bilan bir masalani hech hal qila olmaymiz. Yodgor akamiz meni, kamina esa u kishini zaharlikda ayblaymiz. Dunyoda tildagi zaharlik darajasini belgilab beruvchi uskuna yoʻqki, bizning bahsimizni yechib bersa.

Kamina selektsionerlik, ya’ni oʻsimliklarning yangi navini yaratish bilan shugʻullanib, tuvakda bir oʻsimlik yetishdirdim-da, akamizga boʻlgan hurmatimiz ifodasi sifatida unga «Yodgor Sa’diev nomidagi koʻp yillik mevali oʻsimlik» deb nom berdim. Tuvakdagi bu oʻsimlik chindan ham qishin-yozin meva tugadikim, uni xalqda «qalampir» derlar, ayrimlar «garmdori» deb ham yuritarlar. Alqissa shuki, mehmonlar kelib, qalampirdan totib koʻrib, uning zaxriga besh ketib, urugʻidan soʻradilar. Aql «indamay berib yubora qol» deb amr etgan edi, tilginamdan aylanay, urugʻni bermaslik yoʻlini topib, dedi-ki:

-Urugʻni berishim mumkin, lekin sizlar buni aslicha oʻstira olmaysizlar.

-Nega endi?-deb ajablandilar.

-Sababkim, kamina bu oʻsimlikni Yodgor akamizning tupukulari ila sugʻorganman. Qalampir shu tupukdan quvvat olgandir...

Oradan fursat oʻtib, betoblanib yotganimda Yodgor aka oʻgʻillari Habibulloh bilan yoʻqlab keldilar-da, mehribonlik bilan muolajaning turli yoʻllari haqida gapirib:

-Sizga ilon shoʻrva dori, ilon topib, shoʻrva pishirib kelaman,-dedilar.

Aql «Rahmat, aka, kam boʻlmang», demoqchi edi, tilginamni qarang:

-Yodgor aka, ilon qidirib ovora boʻlmang, shoʻrvani pishiring-u bitta barmogʻingizni tekkizib qoʻysangiz bas, - deb yuborsa-ya!

Yodgor akamizning ham tillaridan aylansangiz arziydi. Aqllari «Qoʻy, shu kasal odam bir hazil qilsa qilibdi, javob qaytarma», degandir. Lekin tillari tinch turarmidi:

-Aka, men shoʻrvaga barmogʻimni tekkizsam, ovqat achchiq boʻladi. Zahar boʻlishi uchun siz tilingizni tekkizishingiz kerak...

Bosh

Boshim ogʻrib oʻtirgan edim. Bir ogʻaynim kelib hol-ahvol soʻradi-da:

-Men senga «Koʻp kitob oʻqima», deb ming marta aytganman, kamroq oʻqisang, boshing ogʻrimaydi, mana men bitta ham kitob oʻqimaganman. Yoshim ellikdan oshdi, lekin shu paytgacha sira boshim ogʻrimadi,- dedi.

«Gaping ma’qul», deb qoʻya qolsam boʻlardi, lekin til bunga yoʻl qoʻyarmidi. Aytgan gapini qarang:

-Odamning boshi boʻlsa, ogʻrib turgani ham ma’qul...

Baliq

Aroqxoʻrlikni xush koʻruvchi tanishim Ramazon oyi arafasida:

-Bir baliqxoʻrlik qilaylik,- deb qoldi.

-Nechuk koʻngling baliqni tusab qoldi, baliqqa boshqorongʻumisan?-deb hazillashdim.

-Roʻzadan avval xalqumni tozalab olay,-dedi u.

«Niyating yaxshi», demoqchi edim, tilim boshqa gapni aytib yuborsa:

-Tinch okeandagi barcha baliqlarni yeb tugatsang ham halqumingni tozalashga kifoya qilmas...

Isinish

Iymoni zaifroq birodarimiz bilan ketayotgan edik.

-Sovqotyapman,-deb nolib qoldi.

Tilginamdan aylanay, shu yerda ham tinch turmadi-ya! Aytgan gapini qarang:

-Birodar, ozgina sabr qiling, doʻzaxda isinib olasiz (astagʻfirulloh!).

Qulupnay

Ziyofatda qulupnayning fazilatlari madh qilinardi. Mendan:

-Qulupnay qon bosimini tushirar emishmi?-deb soʻrab qolishdi.

Aqlim «ha», demoqqa shaylangan edi, tilim tushmagur chaqqonlik qildi:

-Ziyofatda tekin qulupnoyni toʻyib yesangiz, qon bosimingiz tushadi. Agar pulingizga sotib olsangiz, aksincha, koʻtarilib ketadi.

Xandon pista

Bozor oralab yurgan edim.

-Inim, xandon pista oling,-dedilar bir otaxon.-Qarang, pistalar sizga qarab kulib turishibdi.

«Rahmat, pista olmayman», deb oʻtib ketaversam ham boʻlardi, ammo til bunga yoʻl bermadi:

-Otaxon, pistalaringiz menga qarab kulib turishgani rost, lekin narxini aytganingizdan keyin choʻntak sizga qarab yigʻlab yuboradi-ku, bunga nima deysiz?

Quvvat

Bir chala mulla hammani ogʻziga qaratib va’z aytardi:

-Oʻrik nima uchun yurakka oʻxshaydi, bilasizlarmi, chunki oʻrikni yesangiz, yurakka quvvat boʻladi.

Aqlim «balki shundaydir»,deb oʻylashga ulgurmay til tish hatlab qoʻya qoldi:

-Taqsir, qovoq-chi?

Antenna

Oʻsha chala mulla:

-Soch tolalari antenna, kechqurun uxlaganingizda ruhlarning toʻlqinini qabul qilib, siz tush koʻrasiz,-deb qoldi. Davradagilardan biri:

-Domla, sochi yoʻqlar-chi, ular antennasiz ham tush koʻraverishadimi?-deb soʻradi.

Tilginamdan oʻrgilay, chala mulla javob topgunicha, uning mushkulini yengil qilib qoʻya qoldi:

-Ularniki parabal (chigʻanoq) antenna, tushning dodaxoʻjasini oʻshalar koʻrishadi.

Ehtiyotdagi bosh

Chala mulla Allohning moʻ‘jizalarini gapira turib derdi:
-Agar Xudo koʻzni peshonaga emas, yelkangizga oʻrnatganida kostyumni yechib qararmidingiz? Quloqni qoʻltigʻingizga oʻrnatganida birov gapirganida qoʻlingizni koʻtarib turarmidingiz? Agar boshni yelkaga mahkamlamay telpakka oʻxshab, olib qoʻyadigan qilib yaratganida, biron joyda boshni olib qoʻyib, esingizdan chiqib qolsa, nima qilardingiz?
-Hammaning emas, shu chala mullaning boshini olib qoʻyadigan qilib yaratsa, yaxshi boʻlardi,-deb yubordi tilginam.
-Nega?-deb ajablanib soʻradilar.
-Shu boshi esidan chiqib qolsa, buning oʻrniga aqlliroq boshni olib oʻrnatarmidi...

Qiyin savol

Oʻsha chala mulla ilm olish xususida gapirib, maqtanib qoldi:

-Ilmimiz yetarli darajaga yetdi. Har qanday savolga javob topa olamiz.

-Domla, unchalikmasdir,-dedim.-Mening Rahmatilla oshnamga roʻpara boʻlsangiz, tesha tegmagan savollarni qalashtirib tashlaydi-ki, lol qolasiz.

-Masalan, nimani soʻrashlari mumkin?

-Masalan, u «Domla, iftor chogʻida ogʻizni aroq bilan ochgan ma’qulmi yo kon’yak bilanmi?» deb soʻrab qolsa, javob bera olarmikinsiz?

Domla tushmagur Rahmatilla oshnamga roʻpara kelmayoq magʻlub boʻla qoldilar.

Tom

-Uning tomi ketgan,-dedi doʻstim.

-Bunday boʻlishi mumkin emas,-dedim.

-Nega?

-U asli tomsiz tugʻilgan edi...-dedi tilim.

Tovuq

Hamkasbim bilan suhbatlashib oʻtirgan edim. Katakdagi tovuq qaqagʻlab qoldi.

-Bitta tuxum tugʻib shuncha vahima qiladi-ya,-dedi hamkasbim kulib.

-Shapaloqdek kitobi chiqib, maqtanishi olamni buzadigan shoirga oʻxshaydi, bizning tovuq,-deb yubordi tilim.

Quloq

Issiq jonmiz-da, behos qulogʻim ogʻrib, quloq, burun, tomoq doʻxtiri boʻlmish doʻstimnikiga chiqdim.
-Ha, nechuk, biz gʻariblarni yoʻqlab qolibsan, doʻstim, meni koʻrging kelib qoldimi?-deb hazillashdi doʻxtir.
-Seni men emas, qulogʻimning koʻrgisi kelib qolibdi,-deb yubordi baraka topgur tilim.

Havo oʻzgardi

Qon bosimim oshib, boshni bogʻlab yotgan edim. Ahli ayolim kirib, hol soʻrab:
-Ob-havo oʻzgarsa, sizning bosimingiz ham oʻzgaradigan boʻlib qoldi, bugun koʻchaga chiqmang,-dedilar mehribonlik bilan.
-Gapingiz toʻgʻri, ob-havo oʻzgarsa, qon bosimi ham oʻzgaradi. Lekin xotin oʻzgarsa, har qanday qon bosimi yaxshilanib ketarmish,-deb yubordi tilginam.

Goʻrkovning narxi

Doʻxtir yurakka quvvat boʻluvchi yangi dori chiqqanini aytib, izoh berdi:
-Dorini oʻzimizning dorixonadan oling. Boshqa joylarda yigirma ming soʻm, oʻzimizda oʻn olti mingga beradi.

Buni eshitib, kulimsiradim.
-Nega kulyapsiz?-deb ajablandi doʻxtir.
-Yozib bergan doringizning narxi goʻrkovning narxi bilan bir ekan,-deb yubordi bema’ni tilim. Bu ham yetmaganday yana izoh bergani-chi:-Ammo farqi ham bor. Dorining kafolati yoʻq, goʻrkovning kafolati borkim, naq suvab tashlaydi.

Qaymoq

Doʻxtir jiddiy parhez lozimligini uqtirib, yeyish mumkin boʻlmagan taomlarni sanab ketdi. «Qaymoq ham mumkinmas», deganda «aytsangiz-aytmasangiz qaymoq yemayman»,-dedim.
-Nima uchun?-deb soʻradi doʻxtir ajablanib.
-Juda qimmat-da,-deb toʻgʻrisini aytib qoʻya qoldi suyaksiz tilginam.

Doʻxtir yana roʻyxatni davom ettirib, oxirida «tushundingizmi?»-deb soʻradi.
-Faqat bitta narsaga tushunmadim, nafas olishim mumkinmi?-deb yubordi tilginam.

Almashtirib berarsiz

Bir uchrashuvda «Nega xotiningizni olib kelmadingiz?» deb soʻrashdi.
-Keyingi safar, albatta, olib kelaman. Koʻrarsiz, yoqsa yoqdi, yoqmasa almashtirib berarsiz,-dedi tilginam taltayib.

Parhez

Doʻxtir janobi oliylari kaminaga marhamat koʻrgazib, sihatimni asramoq umidida bir qator maslahatlar berdilarkim, barchasini eslab qolmoq uchun bitta bosh kamlik qilarov, deyman. Xususan, parhezga doir talablarga bitta nafsu bitta qorinning chidamogʻi mushkul holdir. Alloh bandalari uchun yaratgan ne’matlar bir boshdan sanalib, «eyish mumkin emas», degan hukm oʻqildi. Ajabo! Qoʻy goʻshtini banda yemasa, boʻrining qorni uchun yaralibdimikin? Oq nonni banda yemasa, sigirga bayrammi ekan? Asti-asti bunday savollar bilan doʻxtirjon koʻngillarini xira qilmadim. Esim joyida! Ammo tilda es yoʻq. Dediki:
-Doʻxtirjon, siz buyurgan parhez roʻyxatini eslab qolishim qiyin. Men oʻzim uchun maxsus parhezni tartib etganman.

Doʻxtir dediki:
-Ayting, ehtimol, boshqa bemorlarga ham tadbiq eturmiz.

Tilim dediki:
-Kaminaning parhez roʻyxati uzun emas: dasturxon ustidagi tekin ne’matlarning barchasini yemoqlik mumkin. Chunki «tekin tomoq tanni toza qilur», demishlar. Biroq, oʻz pulingga sotib olib yeyiladurgʻon ne’matlarga ehtiyot boʻl. Doʻxturning parhezini faqat oʻzing sotib olgʻuvchi ne’matlarga nisbatan toʻgʻri deb bil!

Qora xotin

Doʻxtir parhez buyurgach, kaminaga oq non yeyish qat’iy ta’qiqlandi. Taomlanish vaqtida muhtaramai xotinxoʻja teppamizda urush davridagi «gestapo» yangligʻ soqchilikda turadurlar. «Gestapo»dan farqlari – qoʻllarida oʻqlangan avtomat yoʻq xalos. Ammo tillari hamisha zaharli oʻqlar bilan oʻqlogʻliq turadi-ki, «gestapo» avtomatidan bir amallab panalanish mumkin, ammo til oʻqlaridan saqlanish mutlaqo mumkin emasdir. Shu bois kamina choyni ham mute holda ichur, atrofda rahm qilgʻuvchi zot topilmas. Baxtimdan aylanay, bu kun nonushta payti hazrat xotinxoʻjani qoʻshni chaqirib qoldi-yu ozodlik havosini tuyib, dasturxondagi oq nonga zoʻr hayajon ila qoʻl uzatdim. «Elakka chiqqan xotin ellik ogʻiz gap gapirar», demishlar ekan. Ammo bizning qoʻshni elakka emas, pulga chiqqani uchun ellik ogʻiz oʻrniga bir ogʻizgina gap kifoya qilgʻoni sababli xotinxoʻjamiz izlariga tezgina qaytdilar. Bir tishlam oq non qora nondan bezor boʻlgan oshqozonimizga xushxabar olib tushishga ulgurdi xalos. Ikki tishlamga ulgurmay, qoʻlimga yana qora non tutqizilgach, koʻzlarimga yosh kelib dedimki:
-Endi faqat qora non yeymanmi?

Sitamkor dediki:
-Doʻxtir ruhsat bermagunicha shunaqa boʻladi.

Alam tufayli koʻzlarim yoshlangani bilan tilim baquvvat edi. U dadil dedi-ki:
-Agar qora non yeydigan boʻlsam, unda menga qora xotin ham olib beringlar!

Qora choy

Ziyofatda oʻlturar edik. Xizmat qilib yurgan yigitcha kirib soʻradiki:
-Choy qanaqasidan boʻlsin? Koʻkmi, qorami?

Birov «qora» dedi, yana birov «koʻk». Yigitcha mening xohishimni soʻrab edi, shoshqaloq tilim dediki:
-Inim, yaxshilab bilib oling: menga choyning qorasi ma’qul, pulning esa koʻki yoqadi!

Yoʻtal

-- -Nega yoʻtalyapsiz?-deb soʻradilar.
-Tirik odam tirikligini bildirib turishi uchun yoʻtalib turgani durust,-dedi tilim.

Ittifoqo qoʻyxonadagi qoʻchqorlardan biri yoʻtalib qoldi. Oxurga hashak tashlab qoʻyishni oʻzi uchun eng ogʻir mashaqqat deb bilgan oʻgʻlim «qoʻylarning harna bitta kamaygani yaxshi», degan umidda dedi:
-Shu qoʻchqorni soʻyib yubora qolaylik, qarang, yoʻtalyapti.
-Yoʻtalayotgan boʻlsa, tuzatish harakatini qil, men yoʻtalganimda darrov soʻyib yubormaysan-ku,-dedi tilginam.

Oʻlmaydigan boʻldim

Janozadan qaytayotgan xotinlar marhumning yaqinlari qanday aytib yigʻlaganini, albatta, bir-bir muhokama qiladilar. Bu kaminaga ham ma’lum. Mahalladagi bir janozadan keyin xonim-afandidan shu haqda soʻradim.
-Yuragim ezilib turuvdi, gaplariga e’tibor qilibmanmi?-dedilar.
-Bekor turmay eshitsang boʻlardi. Yana oʻn yilmi yo oʻttiz yildanmi keyin oʻtadigan boʻlsam chiroyli-chiroyli gaplarni aytib, hammani qoyil qoldirib yigʻlashingiz kerak,-dedim.
-Bema’ni gaplarni gapirmang!-deb jerkib berdilar. Men esam qitmirlikni davom ettirdim:
-Nima, chiroyli gaplaringizga arzimaymanmi?
-Arziysiz, lekin bunaqa bema’ni gaplarni aytib, asabimni buzmang.
-Unda siz ham chiroyli yigʻlayman, deb va’da bering.
-Yoʻq!-dedilar qat’iy xonim.
-Yigʻlamaysizmi?
-Yoʻq!-dedilar yana ham qat’iy ravishda.

Ogʻzimni yumsam ham boʻlardi, lekin tilginam tish hatlashdan tiyilmadi:
-Men chiroyli yigʻlashingizni eshitib, bi-ir rohatlanib yotmoqchi edim-da. Yigʻlamaydigan boʻlsangiz, oʻlib nima qildim, boʻldi, oʻlmayman.

Tarozi

Toʻyimizga oʻttiz besh yil toʻlgan kun edi. Ertalab xizmatga ketar chogʻida «uyda tarozi bormi?» deb soʻradim. «Yoʻq», dedilar xonim-afandi. «Nega yoʻq? Maskovdan olib kelgan osma tarozi qayda qoldi?» dedim ranjib. Xizmatdan qaytib, ovqatlanib oʻtirganimda xonim-afandim qoʻshnilardan birining shaxsiy mulkiga aylanib qolgan tarozini topib qoʻyganini gʻururlanib ma’lum qildilar. «Necha kilogacha tortar ekan?» deb soʻradim. «Oʻn kilogacha», dedilar. «Kam ekan, bu boʻlmaydi, boshqa tarozi topish kerak», dedim. «Nimani tortmoqchisiz oʻzi?» deb qiziqdilar. «Toʻydan keyingi oʻttiz besh yil ichida yigʻilib qolgan peshonamning shoʻrini tortishim shart boʻlib qoldi»,-deb yubordi tilginam. Tilginamning toʻy bilan tabriklaganiga oʻzingiz tushungandirsiz?

Baxtli umr

Yozuvchining xotini boʻlish osonmas. Ayniqsa, yozuvchi toʻgʻri gapni ham kinoya sanchigʻiga ilib uzatsa, bunday xotinning qahramonligiga tan berish kerak. Bir kuni xayolga berilib oʻtirgan ekanman, xonim-afandim «dard huruj qildimimin?» degan havotirda «Ha, adasi nima boʻldi?» deb soʻradilar. Bu onda «yangi kitobdagi bir voqeaga xayolim ketibdi», desam tushunmaydilar. Shu uchun tilimga erk berib qoʻya qoldim:-
-Bir narsani eslay olmayapman, xonim, nechanchi yilda erga tekkan edingiz?
-1972 yilda, nega eslab qoldingiz?-dedilar ajablanib.

Bundan oʻgʻlim ham ajablangan edi, endi tilim gapni unga qaratdi:
-Qachondir, yana yigirma yilmi yo qirq yildanmi keyin olamdan oʻtsam, qabrga tuzukroq tosh qoʻydir. Yozuviga ehtiyot boʻl: «yozuvchi» yoki «hurmatli odam» degan gaplarni yozdirma. Yozuv kamtarona va oddiy boʻlsin, eshit: «Tohir Malik. 1946 yilda tugʻilib, 1972 yilga qadar odamga oʻxshab baxtli umr koʻrgan», vassalom!

Ogʻzingni oʻpadi

Toʻydan qaytayotgan edik, tanishlarimdan biri uchrab qolib men bilan quchoqlashib koʻrishdi, keyin mehri tovlanib ketdimi yo hazil tariqasidami: «Kitob yozgan qoʻllaringizni bir oʻpay», deb oʻpib qoʻydi. Hazil-huzuldan keyin xayrlashib, mashinaga chiqayotganimizda doʻstlarimdan biri:
-Dunyoda adolat yoʻq, buning kitobidagi voqelarni aytib berguvchi men-ku, buning qoʻlini oʻpishadi-ya!-dedi kulib. Doʻstimning da’vosi bejiz emasdi. Bolalikda koʻp ovqat yegani uchun hamma unga «Boʻtqa» deb laqab qoʻygan edi. Shu doʻstimning hurmati uchun «Shaytanat»dagi Asadbekning yugurdaklaridan biriga uning laqabini olib bergandim. Doʻstim shuni nazarda tutib koʻp hazillashardi. Hozirgi hazili ham oʻrinli edi. Shu uchun men ranjimadim, ammo tilim tinch turolmadi:

-Ayni haqiqat,-dedi u.-Men kitobni qoʻl bilan yozganim uchun qoʻlimdan oʻpdim. Sen ogʻzingda aytib turasan, hozir aytaman, ogʻzingni oʻpib ketadi...