OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiTilla kalamush (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tilla kalamush (hajviya)
Tohir Malik

«
Sichqonlarning hafsalasini pir qiladigan hangoma
»

Sanoqul kalamush tutib oldi. Qopqonsiz, zaharli dorisiz, shunday qoʻli bilan tutdi. Ertalab turib qarasa, kalamush koʻrpacha ustida yalpayib yotibdi. Oʻlganmi, desa, qimirlab qoʻyadi. Shartta changalladi. Shunda kalamush tipirchilab qoldi. Sanoqul uni endi oʻldirayin, deb hovliga olib chiqayotgan edi «Sanoqul akaginam, bu fikrdan qayting, meni oʻldirmang, uyingizdagi itingizning tuvagigacha oltin qilib tashlayman», degan ovoz keldi. Sanoqul avval qoʻrqdi, keyin ajablandi, yuzini chimchilab ham qoʻydi. Ovoz yana takrorlangach, kalamushga qaradi: «Kalamushvoy, sen gapirdingmi?»-deb soʻradi. «Men gapirdim, akaginam, men anoyimasman, superkalamushman. Meni koʻrpachaga qoʻying, oʻzingiz ham oʻtiring. Bi-ir otamlashaylik». Sanoqul ajablanganicha kalamushning aytganlarini bajardi. Vo ajabo! Kalamush xuddi odamga oʻxshab, yostiqqa suyanib, oyoqlarini chalishtirib oʻtirdi.
— Men sizga boshimdan oʻtgan barcha savdolarni aytib bermayman. Siz oxirgilarini eshitsangiz bas, -dedi kalamush.- Xullas, gap bunday: horijdagi bir kimyogar olim zaharli gazning yangi turini ixtiro qilib, sinamoqchi boʻladi. Oʻnta shisha qalpoqcha ichiga bittadan kalamush qamab, gazni berib, uyiga ketadi. Ertalab qarasaki, toʻqqizta kalamush oʻlib yotibdi, bittasi esa oyoqlarini chalishtirib, sigara tutatyapti. «Ie, sen nega oʻlmading?» deb ajablanadi olim. «Shu gazdan ham oʻlarkanmi, bu zaharingiz menga chepuxa! Men Olliqma degan shaharda tugʻilib oʻsganman. Bundan battari ham menga kor qilmaydi». Fahmlagandirsiz, oʻsha kalamush menman. Oʻsha olim meni olib qolib, yana bir yil boqdi, bir yil sinadi. Bir kuni oshnalari bilan togʻ sayriga ham olib chiqdi. Lekin oʻsha yerda sal nafasim qaytdi. Havosi tozaroq ekan, qiynaldim. Lekin kalamush kallamni ishlatib, yoʻlini topdim: mashinaning tutun chiqaradigan tuynukchasiga joylashib oldim. Bir mahal qarasam, olimginamning koʻzlari ola-kula boʻlib, oʻladiganga oʻxshab qoldi. Oshnalari darrov doʻxtir chaqirishdi, foydasi boʻlmadi. Shunda mening yana kalamush kallam ishlab qolib, mashina motorini oʻt oldirtirdim-da, olimni tutun chiqadigan tuynuk yoniga yotqiztirdim. Oʻpkasiga tutun kirgach, sal oʻziga keldi. Kechgacha shu ahvolda yotib, tuzaldi.

Ertasiga boshdan oyoq sarpo qilib, meni izzat-ikrom bilan kuzatib qoʻydi. Ikki kun uyda yashab, zerikdim. Annendagi xolavachchalarimni koʻray, deb ketayotsam, polis postidagilarning xunoblari oshib oʻtirishibdi. «Nima gap?» desam, ularga mashinadan chiqayotgan zararli gaz miqdorini oʻlchaydigan yangi asbob berishgan ekan. Ishlatamiz deyishsa, mashinaga yaqinlashmasa ham asbob yuqori darajani koʻrsatib turganmish. Mashina tutuniga tutishsa, pasayib ketayotganmish. Men darrov tushundim. «Asbob buzuq emas, u shahardagi havoning darajasini toʻgʻri koʻrsatyapti. Mashinadagi gazninng zararini aniqlash uchun koʻrsatilayotgan yuqori darajadan mashina koʻrsatgan pastki darajani olib tashlasangiz, kerakli natija chiqadi. Axir bu oddiy matematika-ku!» dedim. Ularga oddiy arifmetikadan ozgina saboq berganimdan keyin meni sovgʻa-salom bilan kuzatib qoʻydilar. Ana shundan keyin men zaharli va zararli gazlar boʻyicha supermutaxassis boʻlib qoldim.

Siz sira sezmadingiz, kechaginda ikkovimiz Qorpoq diyoriga safar qildik, siz «Esan» poezdining tepasida, kamina pastida edim. Ammo bora-borguncha, kela-kelguncha ziyofatlar zoʻr boʻldi, a?

U yoqdagi ziyofatlarga-ku, gap yoʻq. Kalamush boʻlib tugʻilib, shu yoshga yetguncha bunaqalarini koʻrmovdim. Sizlardan qolgan-qutganning oʻzi bizlarga yetib-ortdi. Ammo bir narsani sezmay qoldim, aftidan, sal kayf boʻlibmanmi yo mening kalamush kallam buni anglashga kaltalik qildi shekilli. Men qaytib kelganimdan beri oʻylayman: mening-ku nimaga borganim aniq, siz nimaga bordingiz-u, nima ishni qoyillatib keldingiz? Savolga javob bermasangiz ham mayli, bu yerga kelishimdan maqsad, buni bilish emas.

Endi akaginam, bu yerga kelishimning sababini aytsam, kecha kalamushlarning kengaytirilgan yigʻilishida atrof-muhitni, tabiatni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini, xususan «Esan» tashkilotining bir qator faol xodimlarini oʻz vazifalarini bajarmayotganlari uchun mukofotlashga qaror qilindi. Bu roʻyxatda sizning ham nomingiz bor, men shu xushxabarni yetkazgani kelganman. Endi siz «Kalamush xalqaro mukofoti» laureatisiz! Akaginam, shu idorada oʻn yil ishlab, bittayam ish qilmabsiz, agar shuni bilib, qadrlamasak, gʻirt nomardlik qilgan boʻlamiz. Agar sizlar tabiatni asrash boʻyicha jiddiy ish boshlab yuborsangizlar, bizlarning urugʻimiz qirilib ketardi. Sizga rahmat, bemalol urchib, koʻpayib yotibmiz. Biz minnatdorchilik bildirishga sichqonlarni ham taklif qilgan edik, ammo ular nomardlik qilishdi. Ozgina pastkashliklari bor ularning. Ammo biz xasis emasmiz. Har bir laureatga ikki kilodan tilla beramiz. Oltinni qaerdan olishimizni soʻramang, vaqti kelganda aytamiz. Hozir kalamushlarni qayta roʻyxatdan oʻtqazish ishlari oxiriga yetay deb turibdi. Kalamushlar soni rekord nuqtaga yetgani aniqlangan kuni shu koʻrpachangiz ustida ikki kilo oltinni koʻrasiz».

Kalamush shunday dedi-yu bir kerishib olib, koʻzdan yoʻqoldi.

Sanoqul bu voqeani oʻngimi yo tushi ekanini bilolmay qoldi.

Ammo har kuni uygʻonishi bilan kalamush yotgan koʻrpachaga qaraydi. Oltinni kutadi. Kalamush adashib ketmasin, deb koʻrpachalarni yigʻdirmadi. Har holda yaxshi niyat... yarim tilla-da!