OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiTiriklik suvi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tiriklik suvi (hikoya)
Tohir Malik

Xarbiy xizmatdan qaytgan Rustam ikki oy badalida ham biror ishni ketidan tushmadi. U ishni bunday deb, bu ishni unday deb, dalada ketmon chopishga esa boʻyni yor bermay yurganida qishlogʻiga ilon ovlovchilar koʻnoq boʻlishdi. Shularning yumushi unga bir oz ma’qul koʻrindi-yu, ertasigayoq kumga chiqib ketdi.

Uch kun tentirashib ilon deganning urugʻini ham uchratisholmadi. Toza xunoblari oshib, soʻngti barxanni moʻljal qilib chiqishdi. Roʻparalarida koʻm-koʻk maysaga burkangan yalanglikni koʻrib, hayratdan dong qotishdi. Yalanglik oʻrtasidagi quduqqa yaqinlashganlarida Rustam:
— Kurib qolgan quduqlarda ilon koʻp boʻladi, — deb qoʻydi.
— Rostdan-a, — dedi oq qalpogʻini qiyshaytirib kiyib olgan past boʻyli, kaldirgʻoch moʻylovli yigit uni mazax qilib. — Bir tushib chiqmaysanmi boʻlmasa?

Rustam uning masxaralaganini bilib, burgut qarash qildi.
— Qoʻrqadi, deb oʻylayapsiz shekilli? Men shu yerlarda oʻsganman. Arqonni bering!
— Shoshilmang, avval dam olvolaylik, — dedi guruhboshi.
— Men charchaganim yoʻq.

Rustamning ahdi qat’iy ekanini bilib, unga kerakli anjomlarni berishdi. U arqonga osilib pastga tusha boshladi. Chiroq nurini quduq tubiga yoʻllab, kulcha boʻlib yotgan ilonni koʻrdi. «Aytmovdimmi? U olifta nimani biladi? Oʻzi umrida birorta ilon ushlaganmikin? Hozir shu ilonni olib chiqib basharasiga otaymi! Ikkinchi mayna qilmaydigan boʻladi...» Rustam shu xayol bilan asta quduq tubiga tushdi. Nimagadir ilon qimirlamadi. Nahotki, uning sharpasini sezmagan boʻlsa? Rustam endi ilonga qoʻl yuboraman deganda, bexosdan koʻzi tinib, oyoq-qoʻlidan jon chiqqanday boʻldi. «Havosi yomon ekan, koʻnikib qolaman», deb oʻyladi u. Ammo ahvoli yaxshilanish oʻrniga battar boʻldi. Goʻyo kimdir qulogʻi ostida shivirladi. Nafasi qaytdi. Arqonni tortib, yordam soʻrashga hamrohlaridan uyaldi. Birdan qulogʻi qattiq shangʻillay boshladi. U holsizlanib, devorga suyanib qoldi...

* * *

...Nogahon koʻtarilgan shamol Gurganjni chang-xasga koʻmay dedi. «Xudovandi karimning bu qahri»dan talvasaga tushgan Xorazm fuqarosi oqshomga yaqin yana bir ofatga roʻpara boʻldi — qora bulut yangligʻ chigirtka yogʻdi. Soʻngra kulrang bulut osmonni butkul toʻsib, qilt etmay turib oldi. Gurganj ahli havoning dimligidan boʻgʻilayozdi.

Husayn xafaqon xastaligiga mubtalo boʻlgan zodagonga muolaja shartlarini bayon qilar chogʻida shoh Ma’mundan chopar keladi. Bevaqt chorlovning boisidan garang hakim saroyda jam boʻlgan baytulhikma ahlini koʻrgach, yanada hayratlandi. Chorlaganlar Xorazmshohning hukmiga muntazir turardilar. Davlatpanoh uzoqlamadi. Tillarang toʻn kiyib, zarhal salla oʻragan shoh Ma’mun ostonadan koʻringani hamon barcha salomga egildi. Shoh hech kimni koʻrmaganday nigohini oʻzgartirmasdan taxt sari yoʻnaldi. Joyiga oʻrnashib olgach, alik nishonasini bildirib, kaftini biroz koʻtardi. Shundagina ta’zimdagilar e’tiborlariga koʻra choʻgʻdan rang olgan gilamlar ustiga chordana qurdilar. Davlatpanohning soʻz aygmoqqa hushi yoʻq edi. U baroq qoshlarini chimirgani holda, ahli fazlu kamolning har biriga alohida-alohida boqdi, Xorazmshoh bagʻrida nechukdir tashvish bor ekanini fozillar payqagan, shu bois toqat bilan vujudlarini quloqqa aylantirib, bir-birlari bilan pinhona, savolomuz nigoh urishtirib oʻtirar edilar.

Fozillar Xorazm davlatining panohi Abu Abbos Ma’munning bunday ruhiyatidan nihoyatda kam ogoh boʻlar edilar. Aksar hollarda, shoh e’tibori va donishligini namoyon etib, riyoziyot bobidami, yoinki, ilmi nujum xususidami soʻz ochib, fuzalolarni bahsga chorlar edi. Bu safar esa barchani hayrat botqogʻiga botirib, soʻz aytmoqqa shoshilmay oʻtiribdi.

Nihoyat, davlatpanoh tomoq kirib, soʻz aytdi, barchaning nigohi taxt sari qadaldi.
— Bu tong tangri taoloning yetuk hikmati ila Yaminuddavla va Aminulmilla sulton Mahmud Gʻaznaviy ibn Sabuqtagin nomasi qoʻlimizga yetub keldi. Shu noma bois ahli risolatni yoʻllab, siz moʻ‘tabar donishlarni chorlab kelturdim. Ollohga ming karra shukrlar boʻlsinkim, davlatimning ustuvorini mustahkam etdi. Ahli parxoshning na’rasidan gʻanimlar titraydi. Fuqaroning nasibasi butun. Tangri taologa shukrlar qilishdan oʻzga yumushim yoʻq. Yana ming bor shukrkim, Olloh ahli ayyom, ahli binish, ahli botin, ahli davron, ahli idrok, ahli fununni Xorazm davlatining panohiga jamuljam etdi. Tangri taolo qudrati bilan Gurganjda baytul-hikma qaror topdi. Ollohga ijobat boʻlgan muammolar bahs etildi. Ollohning inoyati bilan siz muhtaram donishlarni qanotimizga jam qilgan edik. Tangri taoloning yetuk hikmati va toʻliq qudrati ila izmingizni yana oʻzingizga qaytaramiz. Yaminuddavla va Aminulmilla sulton Mahmud Gʻaznaviy ibn Sabuqtagin noma bitib, ahli funun, ahli donishni panohiga chorlayajagini bayon etibdilar. Inshoolloh, allomai zamonlar sulton Mahmud qanotida ham har biri e’tiboriga monand oʻrin egallagay. Choparga hukmimni ayon etmay turib, siz muhtaram donishlarni nomadan ogoh etmakni, alalxusus, inon-ixtiyorlaringiz oʻzingizda ekanini anglatmakni ixtiyor etdim. Erta namozshomdan soʻng huzurimda yana jamuljam boʻlib, ixtiyorlaringizni bayon etmakka shaylaningiz.

Xorazmshoh shunday deb shaxt bilan oʻrnidan turdi-da, eshikka yoʻnaldi. Soʻzning bu qadar keskin uzilishini kutmagan ahli funun irgʻib turib, ta’zimga chogʻlandi. Soʻng bir-biriga soʻz aytmay, saroyni tark etdi. Chorsuda yoʻllari ayri boʻlgan fozillar turli koʻchalarga kirib, saroydan yiroqlashdilar. Xonalari bir dahada ekani sabab boʻlib, Husayn, Muhammad va Abu Saxl hamrohliqda ketdilar. Bir necha eshik yurdilar hamki, sado chiqarmadilar. Husayn odob yuzasidan Beruniyning soʻz ochishini kutardi. Abu Saxl esa bu ikki allomai zamonning qarorini bilishga oshiqardi. Beruniy xonasiga yetgunga qadar ham ogʻiz ochmadi. Faqat xayrlasha turib, Husaynning savol nazarini uqdi.
— Husayn, inim, mendan hozir javob kutmang. Bir nima demaklikka aqlim qosirlik qilib turibdi.
— Siz buyuk idrok egasi boʻlganingaz holda nahot bizni raqabga aylantirib koʻyganlarini fahmlamadingiz? — dedi Husayn hayajonini bosolmay.
— Raqabga dedingizmi? Beruniy qoʻlini eshik halqasidan olib, oʻyga toldi. — Inim, fikringazda jon bordek. Birok, Olloh idrokni allomaning oʻziga, iznini esa davlatpanohga topshirgan ekan, nachora?
— Chora yoʻq deng?
— Biz davlatpanohning marhamati bilan idrokimizni roʻyo qila olamiz. Shunday ekan, Gurganjda yashamoq afzalmi yoinki Gʻaznada, degan muammo balki bekorchidir?
— Fikringizni kabul etolmaganim uchun aybsitmang. — Husayn shunday deb ta’zim qilib xayrlashdi-da, yoʻliga ravona boʻldi. Abu Saxl unga ergashdi.

Beruniy bu ikki olimning hayajoni va xavotirini anglab, ularning izidan uzoq qarab qoldi.

Husayn yenida hamrohi borligini ham bir on unutib, shahdam odimladi. Soʻng asabiy ravishda Abu Saxlga oʻgirildi:
— Nechuk Olloh idrokdan qismagani bois idroksizlarga bir umr qullukda oʻtmogʻimiz lozim ekan? Axir shams qorongulikning quli emas, yorugʻlik shahanshohi-ku?!
— Abu Rayhon haq gapni aytdilar. Qismatimizga shu yozilgan ekan, ilojimiz qancha.
— Soʻzingiz fikringizni oshkor qilyapti. Demak, siz ham Gʻaznaga borishga rizosiz?

Abu Saxl miyigʻida kulib, qoʻlini Husaynning yelkasiga tashlab, yoʻl boshladi.
— Siz kabi zukko hakim bu qadar asablarga erk beradi desa, hech kim ishonmaydi.

Husayn shundagina hamrohidan besabab ranjiganini anglab xijolat tortdi.
— Bugungi chorlovning ma’nisini durust anglamabsiz, — dedi Abu Saxl bosiq ohangda. — Daapatpanoh ham bizdan voz kechishni xush koʻrmaydilar. Baytul-hikmaga putur yetsa, davlatlaridan nur ketishini fahmlaydilar. Ammo, ilojlari yoʻq. Mahmud Gʻaznaviy istagiga qarshi borolmaydilar. Aminulmilla behad qudrat sohibi.
— Ha, balli. Men ham shuni aytaman. Bu yorugʻ dunyo ustuvori idrok emas, qudrat. Qudrat mavjud yerda alloma ham, donishu fozil ham beqadr. Fuqaro esa qaddi dol boʻlib, roʻshnolik koʻrmaydi. Men hak-taologa birovni birovdan kam kilma, deb munojot etaman. Inshoolloh, osmon aylana-aylana bizni shunday kunga roʻpara etar.
— Inshoolloh.
— Birodar, davlatpanoh ixtiyorimizni oʻzimizga bergani bilan, Gʻaznaga bormogʻimizga majbur etadilar. Abu Rayhon: «Gurganjda makon topdik nima-yu, Gʻaznada topdik nima?» dedilar. Menga kolsa ham farqi yoʻq. Magar, men inson bolasiman. Odamiy gʻururim hamisha boʻynimni egik olib yurishimga izn bermaydi. Tuprogʻimga e’tiqodim osmon qadar. Magar, gururim undan ham ulugʻ. Shu bois oʻz yurtimga sigʻmadim. Endi, bu yer ham...
— Jurjoniyada odillik hukmron, deb eshitaman.
— Husayn Abu Saxlning nima maqsadda bunday deganini anglab, yalt egib unga qaradi. Quloqlariga bir dam ishonmay turdi. Chunki Abu Saxl unga nisbatan Beruniyga yaqin yurar, koʻp bahslarda Beruniyni yoqlar edi. Endi nima uchundir Beruniy fikriga zid ravishda Gʻaznaga borishga hushi yoʻq ekanini shama kilyapti.
— Fikrim ojizlik qilmasa...

Husaynning soʻzi ogʻzida qoldi. Abu Saxl niyatini oydinlashtirdi:
— Ha, aynan uqdingiz. It kim durust suyak tashlasa ketaveradi. Odamzod unday qilmaydi. Maslahatimga koʻnsangiz, Gurganjdan chiqaylik.
— Ijtinob etmak deysizmi?
— Tun boʻyi tanangizga bir oʻylang. Ma’qul boʻlsa, bomdoddan soʻng kaminaning kulbalariga tashrif buyuring. Yoʻl tadorigini choʻzmaylik...

* * *

...Namozshomdan soʻng Xorazmshoh xuzuriga kirgan allomalarning aksari Gʻaznaga bormoqqa rizo ekanliklarini bildirdilar. Al-Beruniy baytul-hikma ahli orasida Ibn Sino bilan Abu Saxlning yoʻqligidan hayron boʻldi. Saroydan chiqar mahali esa bu ikki allomani sipohlar qurshovida koʻrib, hayrati yanada oshdi.

Sipohlar tutqunlarni shohga roʻpara qildilar. Davlatpanoh Ibn Sinoning qattiq-qattiq aytgan gaplarini toqat bilan eshitdi. Gʻazabdan tutaqsa ham jazoga hukm etmadi. Har ikkovini uylariga qoʻyib yuborishni buyurdi. Allomalar bu odillik boisidan garang boʻlib, xonalariga qaytdilar.

Tun yarimlaganda Ibn Sino eshigini kimdir asta taqillatdi. Alloma qoʻliga shamdon oldi-da, sarpoychan chiqib, eshikni qiya ochdi. Notanish chehrani koʻrib ajablandi.
— Taqsir, meni davlatpanoh ixtiyori bilan yoʻlladilar. Tong bilan safarga chiqib, sizlarni Jurjoniyaga boshlab ketaman. Yoʻl jabduqlari hozirlandi. Hamrohingizni ogoh etmagingiz lozim ekan.

Husayn tushimmi-oʻngimmi, deb garangsib turib qoldi. Soʻng: «Davlatpanohning soʻz aytmagani zamirida shu sir bor ekan-da», deb qoʻydi koʻnglida. Keyin notanish kimsani ichkariga taklif qilib, oʻzi shoshib xonaga kirib ketdi.

...Quyosh koʻtarilganda ikki tuya va uch otdan iborat kichik karvon Gurganjdan ancha ilgarilab, tobora sarhadsiz kumlik bagʻriga kirib borardi. Oʻzini Roʻzimuhammad deb tanitgan raxilkoʻsh, kamgap odam edi. Allomalarning suhbatiga jimgina quloq tutib, berilgan savollarga kisqagina javob qilib qoʻya qolardi.

Allomalar: «Ishimizni Xudo oʻngladi», deb bejiz quvonishgan ekan. Safarning ikkinchi kuni sahroda quyun koʻtarildi. Goʻyo yeru osmon qoʻshilib ketdi. Otlar oʻzlarini har yon urib, jilovni uzib qochdilar. Yoʻlovchilar bir-birovlarini yoʻqotib qoʻydilar. Boʻron tuni bilan tinmadi. Tongga yaqin hammayoq birdan jimib qoldi. Goʻyo hech narsa sodir boʻlmaganday, quyosh ohista charaqlab koʻtarildi.

Qumga koʻmilayozgan Ibn Sino qaddini tiklab, ust-boshini qoqdi. Atrofga alanglab, hamrohlarini izladi. Tirik jon koʻrinmadi. Ovoz bermoqchi edi, tovush chiqmadi. Tishlari orasida qum gʻijirladi. U tiz choʻkkancha tek turib qoldi. Ibn Sino endi qay tomonga borishni bilolmay garang edi. Kunchiqarni moʻljal qilib ketaverishni ham, hamrohlarini izlashni ham bilmasdi. U bir qarorga kelmay, barxan tepasiga koʻtarila boshladi. Shundagina oʻzidan oʻttiz qadamlar narida jon sharpasini sezdi. Oʻsha tomonga yugurib, panjalari bilan qumni ocha boshladi. Holsiz gavdasini rostlayotgan Abu Saxlni tanib bagʻriga bosdi, yaratganga shukrlar qildi.

Allomalar kun tekkaga kelgunga qadar ham Roʻzimuhammadni izladilar. Soʻng, undan umidlarini uzib, mashriq sari yura boshladilar. Oqshomga borib, sillalari qurib, bir-birlariga suyanib qoldilar. Horigan odamlarga tun salqini xush yoqib, qum yumshok tushakday tuyulib, qattiq uyquga berildilar. Tong bilan yana sudralib, yoʻlga tushdilar. Birinchi barxanga chiqdilaru hayratdan toʻxtab qoldilar: roʻparalarida atrofi barxanlar bilan oʻralgan, yashil maysaga qoplangan kaftdek yalanglik yastanib yotardi. Ikkovlon sarobmikin, deb koʻzlarini uqalashdi. Koʻrganlari haqiqat ekaniga ishonch hosil qilgach, odimlarini tezlatdilar.

Yalanglikni qoq markazi quduq... Kuduq yonida ikki ayol yotibdi. Qadam sharpasini eshitgan yoshroq. juvon irgʻib turib, yuzini yashirishga harakat qildi. Keksaroq ayol esa qimirlamadi.
— Bizdan hayikmang, — dedi Ibn Sino ularga yaqinlashar ekan. — Boʻronda adashib qoldik. Halovatingizni buzmang. Chanqogʻimizni bosgach, yoʻlimizdan qolmaymiz.

Juvon javdiragan koʻzini yerga qadagancha, qimir etmay turaverdi.
— Volidangiz xastamilar? — deb soʻradi Abu Saxl. Juvon yana indamadi.

Ibn Sino uning fe’lidan hayron boʻlib, bir oz qarab turdi-da, bukchayib yotgan keksa ayolga yaqinlashib, choʻnqaydi. Kampirning bilagiga qoʻl yubordi. Shu zayl uzoq oʻtirdi. Soʻng, bilakni qoʻyib, oʻrnidan turdi.
— Yurak urishi bejo. Koʻp alamlarni ichiga yutgan chamamda, — dedi u Abu Saxlga yaqinlashib.

Shundagina yosh juvon tilga kirdi.
— Biz choʻrilarmiz, — dedi-yu, yana lab tishlab jimidi.
— Bu yerga qanday kelib qoldilaring? — deb ajablandi Abu Saxl. — Yo ozodlik istab ijtinob etmakni xayol qildilaringmi?
— Biz... men... u kishi... — juvon soʻz topolmay taraddudlandi.
— Soʻroqqa tutishga fursat yoʻq... Muolajani oʻylaylik, — dedi Ibn Sino juvonning ogʻirini yengil qilib.
— Muolaja? — Abu Saxl kulimsiradi. — Bor-burdimizdan ajrshggan boʻlsak, xizriobimiz bormiki...
— Yoʻq boʻlmasa, bor qilmogʻimiz darkor. Xastani tashlab ketolmaymiz-ku!
— Abu Saxl e’tiroz bildirishga ulgurmay, Ibn Sino juvonga murojaat qildi.
— Bu yalanglik meni taajjubda qoldirdi. Siz koʻpdan beri shu yerdamisiz?
— Yoʻq. Boʻron boshlanishidan oldin qoʻqqis chikib qoldik.
— Bu yerda boʻlmadimi?
— Ajab... Ajabtovur boʻldi. Atrofda girdikapalak toʻzon uchdi. Bu yerga xas ham qoʻngani yoʻq.
— Ajab... Chindan ham ajabtovur, — Ibn Sino shunday deb quduq yoniga bordi. Pastga qarab ovoz berdi: aks sado chiqdi. Choʻkka tushganicha maysalarni hidladi. Soʻng birini yulib olib, Abu Saxlga yakinlashdi. — Mana bu giyoh baland togʻlarda boʻlguvchi edi. Bu yerda oʻsishi taajjub. Yurak xastaligiga davo bu. Siz aytgan ihyoyi amvot xizriobni shundan tayyorlash mumkin. Agar biron ilon tuta olsak edi...
— Zahri lozimmi?
— Zahridan ham qoni bilan yogʻi lozim. Terisi ham. Xudoyimning bandalari koʻp yillardan beri tiriklik suvini umid qiladilar, rivoyatlar toʻqiydilar. Mening nazdimda tiriklik suvini mavjud etmoq mumkin. Biz duch kelgan yer aynan gʻayrioddiy tuyulyapti. Inshoolloh, shu sharoitda niyatimiz roʻyob boʻlsa.
— Inshoolloh.
— Men quduqqa tushaman.
— Nechun?
— Kuduq tublarida ilon boʻladi.
— U holda men tushay. Bolaligimda koʻp ilon tutganman. Xayriyatki, quduq chetida qaysi bir dono qoldirgan jun arqon bor edi.

Abu Saxl belini arqon bilan mahkam bogʻlab, pastga tushdi. Koʻp oʻtmay kuduq tubidan uning «Torting!» degan ovozi keldi. Ibn Sino holdan toyganini ham unutib, bor kuchi bilan arkonni torta boshladi.

Abu Saxl ust-boshi bir ahvolda, oʻng qoʻlida yarim qulochli ilonni lapanglatganicha, chikib keldi.
— Xayriyat, ishimizni Xudo oʻngladi. Shuning oʻzi karaxt yotgan ekan, — dedi ilonni hakimga uzatib.
— Picha ushlab turing, — dedi Ibn Sino, soʻng etigini chaqqon yechib, pichoq bilan tagcharmini koʻchirdi. Soʻng qoʻnjini ikkiga boʻlib; dasturxonday yozdi. Tagcharmning bodomday yerini oʻyib, chuqurcha qildi. Shundan keyingina ilonning boshini kesdilar. Oqqan qon chukurchani toʻldirgach, qornini yordilar. Ibn Sino giyohning ildizini kavlab maydaladi. Avval ivib qolgan qonga aralashtirdi, soʻng yoqqa bulab ilon terisiga oʻrab koʻydi.
— Oqshomga qadar oftobda toblanib tursin, — dedi Ibn Sino, soʻng yana kampir yoniga borib, bilagini ushladi.

Osmon musaffo, quyosh charaqlagan boʻlsa-da, yalanglik u qadar issiq emasdi. Ular tashnalik azobidan qutuldilar. Oqshomda Ibn Sino ilon poʻstini ochdi. Tayyorlangan dori za’faron tusga kirgan edi.
— Xizriob degan edingiz? — ajablandi Abu Saxl uni koʻrib.
— Ha, bir oz quyuqlashdi. Bizga archazorning buloq suvidan lozim edi. Afsus, magar inshoolloh, bu ham xizriobdan qolishmas. — Ibn Sino shunday deb dorining bir ulushini pichoq uchida ilib olib, juvonga tutdi. — Mana shuni yutsinlar, qoldirmasinlar.

Juvon itoatkorlik bilan kelib, pichoqni dastasidan oldi. Kampirga yaqinlashgach, tiz choʻkib, bir qoʻli bilan boshini koʻtardi. Kampir yamlanib, dorini yutdi. Ibn Sino dorining qolganini yana ilon poʻstiga oʻrab qoʻydi.

Bu orada yalanglikka hukmini oʻtkaza olmagan quyosh magʻribga bosh qoʻyib, alamdan barxanlar uchini kuydirib yuborish qasdida oʻt ufurdi. Ammo bu oʻtli nafas ham yalanglikka yetib kelmadi. Aksincha, yengil shabada turdi. Atrofga qorongʻilik choʻka boshladi. Toʻlin oy koʻtarildi. Shunda kampir oʻz-oʻzidan qaddini tikladi. Notanish kimsalarni koʻrgach, taajjublanib juvonga qaradi.
— Sizning joningizni soʻrab olishdi, — dedi juvon pichirlab. Kampirning turganini bilib allomalar unga yaqinlashib, salom berishdi.
— Mana shu zotni duo qiling, — dedi Abu Saxl Ibn Sinoni koʻrsatib. — Sizga xizriob bergan odam shu Abu Ali ibn Sino degan allomai zamonni eshitganingiz bormi?
— Biz bu dunyoda faqat toʻramnigina bilamiz. Boʻlak zotlarni eshitmaymiz, — dedi kampir siniq ovozda.

Ibi Sino izn soʻrab, uning bilagini ushladi. Soʻng, «Xudoga shukr» deb oʻrnidan turdi.
— Taxminim ijobat boʻldi. Tiriklik suvini xuddi shu yerda tayyorlamoq kerak, — dedi u Abu Saxlga. Keyin kampirga yuzlandi: — Bilishimcha, choʻri ekansiz?
— Ollohdan yashiradigan sirimiz yoʻq. Qochib ketyapmiz. Ammo sababini soʻramang.
— Kay tomonga borishni niyat qilgansiz?
— Olloh nasib etgan tomonga.
— Tongda biz Jurjoniya sari otlanamiz. Ma’qul koʻrsangiz, qanotimizga olamiz.
— Marhamatlaringizga shukr. Biz taqdirimizni Xudoga topshirganmiz. Yoʻlimiz boʻlak.

Kampir boshqa soʻz aytmadi.

Toʻlin oy tikkaga keldi. Ayollar quduqning bir tomonida, allomalar ikkinchi tomonida pinakka ketdilar. Ibn Sino bir tush koʻrdi. Koʻz oldida avval xushroʻy qiz namoyon boʻldi. Soʻng qizni bandi qilib haydadilar. Qora soqol, badbashara odam qizni bagʻriga oldi. Keyin sahro... Hududsiz sahroda ikki ayol. Biri oʻsha xushroʻy qiz. Yoʻq, endi u kiz emas, homilador ayol. Biri oʻrta yosh, yelkador xotin. Homilador ayol qumga choʻzilib qoldi. Koʻzi yoridi. Yelkador xotin uni turgʻizib nari boshladi. Ona bolasiga talpindi. Ammo yelkador xotinning zarbi bilan yiqildi. Keyin yelkador xotin chaqaloq ustiga qum sepa ketdi. Ibn Sinoning yuragi hapriqib uygʻondi. Kalima keltirdi. Oʻrnidan turib atrofga alangladi. Keyin yana joyiga choʻzildi. Koʻzi ilindi. Yana tush koʻrdi. Yana sahro. Yana ikki ayol. Biri kampir. Kim u? Tiriklik suvidan bahra olgan kampir-ku?! Hamrohi... Ha, shu juvon. Ajab! Nimalar boʻlyapti! Juvon homilador. Ana, koʻzi yoridi. Endi kampir goʻdakka qum sepadi... Evoh! Yoʻq. Bunday boʻlmadi.Kampir chaqaloqni qoʻliga oldi. Suyub koʻkragiga bosdi... Kimdir ingradi. Yana ingradi. Ibn Sino uygʻonib ketdi. Ingrayotgan Abu Saxl ekan. Nima boʻldi, xastalandimikan? Ibn Sino uning bilagini ushladi. Yoʻq, xastalik ishorasi sezilmadi. Noxush tush koʻrayotgan boʻlsa ehtimol. Ibn Sinoning uyqusi uchib, oʻrnidan turdi.
— Uyqungiz uchdimi, toʻram?

Ibn Sino kampirning xasta ovozini eshitib, unga oʻgirshgdi.
— Ha... Oʻzingiz-chi, yana xastalik azob berdimi?
— Yoʻq, toʻram, tanamga jon bilan quvvat ham oqib kirdi.
— Unda nimaga uxlamayapsiz?
— Xudoga shukr qilib yotibman.
— Oʻzgalardan sir yashirish Xudoga xush yoqmaydi. Nima uchun bosh olib ketish boisini aytmadingiz?
— Bu bandalar biladigan sir emas.
— Ammo men barisini bilaman. Siz ulugʻ gunohga qoʻl urgansiz. Begunoxdarni tiriklay qumga koʻmgansiz.
— Yoʻq! — ayolning bagʻridan otilib chiqqan faryod qumliklarga singdi. Juvon choʻchib uygʻondi.
— Yoʻq, — dedi kampir, bu safar pichirlab, — Xudo shohid, men bunday qilmadim. — Kampir piqillab yigʻlay boshladi. Juvon uni bagʻriga oldi. — Xudo shohid. Men bunday qilmadim... Avliyo ekansiz, sirimni bilibsiz, ammo men bunday qilmadim... Men olti bola koʻrdim. Oltovloni shu kumda qolgan. Toʻramning hukmi bilan choʻrilardan zurriyot qolmas edi... Oltovlonim qumda... Oʻzim ham qumda qolishim kerak. Zarinani olib ketinglar, toʻram. Avliyo ekansiz, bu juvonning dardi ichida, bolasini Xudoyim koʻp koʻrdi. Oltovlonim kumda qolgan. Qariganimda toʻram gunohga botirmoqchi boʻldi. Yalmogʻizni egam chaqirgan edi. Zarinaga doyalik qilishni menga yukladi. E, Xudoyim, qaysi gunohlarim uchun meni bu jazolarga mustahiq etding. Oltovlonim kumda qolsa-yu, yana men birovning bolasini tiriklay koʻmsam-a?! Yo Xudoyim, menga shuni ravo koʻrdingmi, a?! Oltovlonim chaqirayotgan edi, toʻram, nimaga menga xizriob berdingaz. toʻram, avliyo ekansiz...

Ayolning nolalarini toʻxtatib boʻlmadi. Tongga qadar uning koʻz yoshi ham oqib quridi.

Saharda Abu Saxl ilon poʻstiga oʻralgan «tiriklik suvi»ni quduq tubiga qoʻyib chiqdi.

Zarina kampirni yolgʻiz tashlashga unamadi.

Ibn Sino va Abu Saxl Jurjoniyani qoralab, yoʻlga tushdilar. Oʻlar holda boʻlib qolgan allomalarni Jurjoniya sarhadlariga yaqin yerda karvon qutqarib oldi.

Jurjoniya podshohi allomalarga lutflar koʻrsatdi. Ibn Sino quvvatga kirgach, podshoh koʻmagida kichik karvon tuzib, ajabtovur yalanglik sari yurdi. Ammo qancha izlamasin, na quduqni, na yalanglikni topdi. U koʻp afsuslar bilan iziga qaytdi. Tib qonunlariga tartib berar mahalida bu voqeani afsus bilan eslab, oʻchirib tashladi.

Alloma sahrodagi jonlanishdan, har uch yuz yilda bir marta yalanglik yuz ochishidan bexabar oʻtdi...

* * *

Rustamning qulogʻi shangʻillashdan toʻxtab, bir oz oʻziga keldi. Chiroq nurini kulcha boʻlib yotgan ilonga tutdi. Ilon qimir etmadi. Rustam chaqqonlik bilan uning boʻynidan ushlab dast koʻtardi. Shunda ham ilonda tiriklik belgisi sezilmadi. Birdan Rustamning koʻzi ilon kulcha boʻlib yotgan yerdagi mushtday narsaga tushdi. Ilonni oʻlik gumon qilib tashlab yubordi-da, engashib qaradi. Ilon poʻsti. Kimdir hafsala bilan nimanidir oʻrab qoʻygan. Rustam qiziqib uni oldi. Poʻst ham, ichidagi narsa ham qurib, qogʻoz kuliday boʻlib qolgan edi. Koʻliga olishi bilan toʻzib ketdi. Hafsalasi pir boʻlgan Rustam qoʻlini qokdi, arqonga tirmashib yuqoriga chiqa boshladi. Chiqar mahali ilonning qimirlaganini, hozirgina toʻzigan narsaga tilini tekkizganini sezmadi.
— Hech narsa yoʻq, — dedi yuqorida u loqaydgina. — Bitta ilon oʻlib yotibdi, xolos.
— Balki karaxtdir?

— Nima, men oʻlik ilonni koʻrmaganmanmi? — dedi Rustam. Ammo quduq tubida oʻzidan ketay deganini aytmadi. Unga boshqa gapirishmadi. Shu yerda chodir tikishdi. Oqshomga yaqin quduq boʻyida tranzistor eshitib yotgan Rustam baqirib yuboray dedi. Hali tortib olinmagan arqonga oʻralib chiqayotgan ilon esa unga baqrayib qarab qoldi...