OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Uloq (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiUloq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uloq (hikoya)
Tohir Malik

Haybatali oftobning kuchsiz nuriga yelkasini toblab oʻtirgan kampiriga parvo qilmay toʻgʻri otxonaga kirib ketdi. Pastki tomoni yer chizadigan boʻlib qolgan omonat eshikning xunuk gʻijirlashini eshitgan kampir «keldingizmi?» deganday otxona tomon qarab qoʻydi. Ichkaridan otning pishqirishi, keyin unga urilgan shapatining, soʻngra cholning «ha, jonivor!» degan ovozi keldi. Kampir tizzasini ushlaganicha asta oʻrnidan turib, pastak bostirma tomon yurdi. Bir tutam gʻoʻzapoya olib qirs-qirs sindirdi-da, oʻchoqqa tashladi. Hali qoʻri soʻnmagan oʻchoqda gʻoʻzapoya bir oz tutab turdi-da, keyin alanga oldi. Otxonaning eshigi yana gʻijirladi. Cholning boʻgʻiq yoʻtali eshitildi. Ovqatning tuzini totayotgan kampir unga qarab:
—Muncha hayallamasangiz, shoʻrva boʻtqa boʻlib ketdi-ku,-dedi.
—Samovorxonaga chiqsam Shonazir, Mamayusuf, Abdulatiflar oʻtirishgan ekan. Biroz hangoma qildik.
—Hangomangiz ham qursin. Uchta chol yigʻilsa xotinlardan battar ezma boʻlb ketadi.
—Ezmalikda uloq xotinlarda ketgan. Toʻrtta gapimiz ham ezmalik boʻldimi? G'iyos tikkaning oʻgʻli toʻyga aytib ketdimi?
—Eski raisning oʻgʻlimi? Ikki kun burun aytgan.
—Ertaga uloq berarkan.
—Uloqbersa menga nima?
—Eski chopon bilan paxtalik shimni olib qoʻy.
—Nima?!
—Telpakniham...

Haybatali shunday deb uyga kirdi. Kampirning qoshiq tutgan qoʻli muallaq turib qoldi. «Chol esini yeb qoʻyibdi», deb oʻyladi. Eski chopon, shim, telpak bekorga olinmaydi. Demak, yana uloq chopmoqchi. Ikki yil burun-ku, oyogʻi sinib qancha azob chekkan edi. Koʻcha-koʻyda birovga soʻzini bermay yurgan odamning toʻshakda yotishi oson ekanmi? O'zigina azob cheksa mayli-ya, injiqlik qilaverib kampirini qancha qiynadi. Baribir adabini yemabdi. Oyogʻida hali ham ogʻriq bor-u, biroq kampiriga sezdirgisi kelmaydi. Shu yoshga kirib uloq chopmasa kimning koʻngli qolarkan? Yoshligida boshqa gap edi. Qamchin oʻynatib ot choptirishini kampirning oʻzi ham yaxshi koʻrardi. Dovyurakligi yoqib qolmaganida bu uloq jinnisiga u dunyo bu dunyo turmushga chiqmasmidi... Bir koʻzini ham oʻzi yedi. Uloqda menga teng keladigani yoʻq deb yurgan odam koʻzidan qamchi yeb koʻr boʻlib qolsa-ya! Kampir «endi uloqni tashlar», desa bir koʻz bilan yana yigirma yil uloqchopdi.

Kampir cholining izidan qarab turib shularni xayolidan oʻtkazdi-da:»Yoʻq, unga bir balo boʻlgan. Yo gap talashgan, yo kerilib qoʻygan...» degan toʻxtamga keldi.

Kampir ikki kosaga ovqatni suzib olib kirdi. Haybatali uloq haqida boshqa gap aytmadi. Ovqatlangach, otxonaga chiqib yana oti bilan ovora boʻldi. Kampir uning izidan qarab: «gapi rostga oʻxshaydi», deb qoʻydi-da, cholining qaytib kirib, xotirjam oʻtirishini kutdi. Kiravermagach, televizorni qoʻydi. Sochini beoʻxshov turmaklagan qizni koʻrdi-yu, qargʻanib, murvatni burab boʻlak tasvirga oldi. Bunisi ham yoqmagach, «shiq» etib oʻchirib qoʻydi. Bu orada chol kirib oʻtirdi.
—Ha, nega oʻchirding?-dedi televizorning pardasini tushirayotgan kampiriga.
—O'laqolsin, koʻradigʻon narsasi yoʻq. Gapirishgani gapirishgan. Tuxumdan chiqishganu dono boʻlibqolishgan.
—Senga hadeganda oʻyinu ashula boʻlsa...
—Gap kerak boʻlsa, qoʻyib koʻravering.

Kampir shunday deb joyiga omonat oʻtirdi. Koʻrinishidan choli bilan arazlashib hoziroq onasinikiga joʻnab qoladiganday edi.

«Qarigani sayin fe’li nozik boʻlib ketyapti,-deb oʻyladi Haybatali.-Yoshligida neppa-nozingina edi. Shoʻx edi, koʻnglida kir toʻplanmasdi. Xotin kishi qarimasin ekan-da... «Olamni lobar qizlar bosib ketganu vaysaqi xotinlar qaydan paydo boʻlarkin?» deb bekor aytishmagan. Oldinlari uloqning daragini eshitsa, narsalarni oʻzi tayyorlab qoʻyardi. Borib tomosha qilishni qoʻymasdi. Tomosha qayda! U boshqa xotinlar oldida maqtangani borardi. Eri uloqda tengsiz chavandoz boʻladi-yu, maqtanmaydimi! O'sha damlar oʻtib ketdi-da! Bu kampir tushmagur bir pasda aynib qoldimi? Yo men qaridimmi? Menga achinyaptimi? Yoʻgʻ-e, qarish yoshga qaraydimi yo kuchgami? Yoshga qarasa, toʻgʻri, men taslim. Kuchga qarasa... buni kampirning oʻzi ham yaxshi biladi. Biladi-yu, lekin sir boy bermaydi. Kampirning dardi boshqa. Ikki oʻgʻilni koʻz tikib oʻstirdig-u, ikkovi ham shaharda yashashni orzu qilib ketdi. Shaharning nimasi yaxshi ekan, hayronman. Kasaldan boshi chiqmaydi. Qachon qarasang javoni toʻla dori. Topgan-tutganining yarmi shu dori-darmonga ketsa kerak. Kampir mana shunga toqat qilolmaydi. O'gʻillariga kuchi yetmaydi. Alamini mendan oladi. Boshqa chorasi yoʻq bechoraning. «Shaharda turmay, bagʻrimizga qaytib kelinglar!» deb qattiqroq ayting», deydi. Hozirgilarga qattiqroq gap aytib boʻlarkanmi? Qaerda tursa ham boshi omon boʻlsa, nonini halollab yesa bas. Kampir yolgʻizlikdan xafa, ha, mendan emas. Yolgʻizlik qiynab yubordi boyaqishni. Endi... menda ham iloj yoʻq-da! «O'gʻillar koʻnishmasa qizimizni koʻchirib kelaylik», deydi. U dunyo-yu, bu dunyo aklga sigʻmaydigan narsa bu. Ichkuyov boʻlishga ham, ichkuyov qilishga ham toqatim yoʻq. Kampir buning farqiga yetmaydi, gapiraveradi...

Yoshligida boshqacha edi... Uning oʻtirishini qara-ya! Yulishga shaylangan mushukning xuddi oʻzi! Ertaga uloqqa chiqishimni bilib, toʻnini teskari kiyib oldi. Nodon kampir-a... ertaga uloqqa oxirgi marta chiqaman. Buni hozircha hech kim bilmaydi. Bilmagani ham durust, boʻlmasa iltifot qilib qolishadi. Yoʻq menga siylov-u, iltifotlar kerakmas. Sovrinni oʻz kuchim bilan olaman. Ha, hali uloqda Haybatalidan ustun keladigani yoʻq. Yana besh-oʻn yil ot choptirib yurishim ham mumkin. Lekin izzat borida etakni yopgan ham ma’qul. Ertaga uloqni solimchining oyogʻi ostiga tashlaymanu «birodarlar, endi uloq yoshlarniki, bizga uzr», deyman. Ertaga Homidbek yonimda tursa, koʻnglimni toʻq tutardim. Yordamiga muhtoj boʻlmasman-ku, har holda yonimda hay-haylab ot choptirib yursa, mador boʻladi. Ammo bu bola ancha pishiq chiqdi. Otasiga oʻxshamaydi. Otasi birovning haqidan hazar qilmaydi. Yulishdan uyalmaydi. Bu bola boshqacha. Mendan keyin uloqning oldi yigiti shu boʻladi. Sovrinni olib, hammaning oldida shu bolaga topshiraman. «Homidbek ot oʻynatsa, Haybatali uloqqa kelibdi, deyaveringlar», deyman. Mening shogirdim kim ekanini bilib qoʻyishsin.

Darvoqe, bu bola tushmagurning uloqdan xabari bormikin? Aytishganmikin? Kelib-ketay ham demaydi... Yo ertalab kelarmikin? Har holda,»menga yaqinroq boʻl», deb qoʻyishim kerak... Obbo... kampir judayam shumshayib oldi-yu... koʻnglini olmasam boʻlmaydi shekilli...»

Haybatali shularni xayolidan oʻtkazib kampirini gapga solmoqchi boʻldi.
—Hali raisni koʻruvdim,-dedi salmoqlab.
—Ahmadalining ishini gaplashdingizmi? «O'gʻlimni chaqirtirib, biror durustroq ish ber», demadingizmi?
—Yoʻq, buning mavridi boʻlmadi. Toʻyning tashvishi bilan yurgan ekan. Toʻyni kattaroq qilsamu uloqbersam, deydi.
—O'zingizning dardingizmi?
—E, nega mening dardim boʻlarkan. Men u kuni uloq chopmayman. Solimchi boʻlaman.
—Nechuk?

Kampirning bu savolida pichingdan tashqari ajablanish ma’nosi ham bor edi. Chol keyingi uloqqa chiqmasligi haqidagi sirni oʻzi bilmagan holda aytib yubordi. «Endi gapni qanday davom ettirsam ekan?» deb oʻylab oʻtirganida hovlida sharpa sezildi.
—Qarang, Homidbegingizmi?-dedi kampir.

Haybatali orqasiga oʻgirilib, ot yetaklab hovliga kirib kelgan shogirdini koʻrdi. Homidbek etigining changini qoqqan boʻldi-da, ichkari kirdi. Salomlashgach, poygakka omonatgina tiz choʻkdi.
—Ertaga uloq boʻlishini eshitdingmi?-deb soʻradi Haybatali.
—Ha, shu kelishimda toʻyxonadan kelyapman.
—Odam koʻpdir?
—Juda. Narigi qishloqlardan ham chavandozlar kelishibdi. Bazm boshlanib ketdi.
—Mana shunisi chatoq-da! Uloq beraman, deb ham oʻzini, ham otini ikki-uch kunlab boqsa. Beli baquvvatlarga-ku, hech gapmas. Bizdaqalar toʻy qilib, uloq berishni oʻylamasa ham boʻladi. Bunaqada toʻy toʻy emas, kim oʻzar olishuviga aylanib ketadi.
—Sizga nima-ya!-deb gapga qoʻshildi kampir.-Bordir-ki, qilyapti. Otasi raisligida mol-dunyoni xoʻpam bosib olgan. Mana endi orzu-havas bahonasida bir shishib olyapti-da. Sizdaqalar uning ulogʻiga uchishadi. Tekinxoʻrligi bilan ishlaring yoʻq.

Haybataliga kampirining bu gaplari yoqmadi. Tomoq qirib, qovogʻini soldi. Kampir buni sezib, «e», dedi-yu, teskari qarab oldi.

«Hech tilini tiymadi-tiymadi-da. Odam bor, gapim unga ham tegib ketadi, deb istihola ham qilmaydi. Yo bu gapini atay Homidbekka tekkizib aytdimi? Homidbekka aytgani bilan nima foyda? Otasini yoʻlga sola olarmidi? Otasi savdoga aralashibdi-ki, odamlarni aldaydi. Unga ham qiyin-da.Topgan foydasining hammasi oʻz choʻntagiga tushmasa. «Ber-ber» deydiganlarning sanogʻi boʻlmasa. Bir soʻm ishlasa yarmi ularning ogʻzini moylashga ketadi. Bularning bari zanjirga oʻxshaydi. Esini yegan kampir buni tushunarmidi? E... soʻraydigan gapimni ham esimdan chiqardi...»
—Bu... oʻgʻlim, Iroqdagi toʻpalonlar jimib ketdimi, xabaring yoʻqmi?-Haybatali toʻsatdan bergan bu savoliga oʻzi ham hayron boʻldi-yu, lekin sir boy bermadi. Xayolini toʻzitib yuborgani uchun kampirini ichida koyib qoʻydi.
—Bilmasam...-Homidbek shunday deb yelka qisdi. Cholning bu savolidan ajablansa-da, u ham sir boy bermaslik uchun mujmallik bilan dedi:-Kam gapirishyapti shekilli...

Oraga sukut choʻkdi. Haybatali suhbatni qovushtiruvchi gapni oʻyladi-yu, topolmadi. Kampirining gapga suqilib, suhbatni buzishiga aqli yetgach, Homidbekka ruhsat berdi. Bir narsa aytish ilinjida u bilan tashqariga chiqdi. Lekin «Ertaga soʻnggi marta uloqqa chiqyapman. Menga yaqinroq boʻl, zarurat tugʻilsa - yordamlash», deyishga tili bormadi. Xayrlashar chogʻi, faqat «ertaroq kel», deb qoʻya qoldi.

Homidbekning gapi ham ichida qoldi. Aslida u toʻyxonadan emas, temiryoʻlning naryogʻidagi fermadan kelayotgan edi. Toʻyxona xususidagi gaplarni yoʻl-yoʻlakay eshitib, ustasiga aytgandi.

Uning fermaga serqatnovligi Haybataliga ham ma’lum. U yerda Mohira satangning qizi ishlaydi. Ismi Nasibamidi, Nafisamidi... Koʻrinishidan onasiga oʻxshamaydi. Onasi pastdagi kanal qazilayotganda san'atkorlar bilan kelib, Mahmud polvonni yaxshi koʻrib qolgan ekan. Mahmud polvon ham shaharga serqatnov boʻlib yurib, oxiri shunga uylanib oldi. Homidbek koʻngil qoʻygan bu qiz oʻsha yillari maktabga borarmidi yo keyinroq bordimi, buni chol eslolmaydi. Aniq biladigani - bir yilning nari berisida shogirdining tinchi buzilgan. Homidbek bir marta maslahat ham soʻradi. Haybatali unga nima ham derdi, «oʻzingga yoqsa boʻldi-da. boshqa gaplarga quloq solma», deb gapni kalta qildi.

Qiz-ku, Homidbekka yoqadi-ya, lekin Homidbek qizga yoqmasa-chi? Unda nima boʻladi? Homidbek koʻproq shundan havfda edi. Mana bugun ham shartta-shartta gaplashgani bordi. Lekin har galgiday gapirolmadi. Yonida jimgina yuraverdi. Oxiri:
—Ertaga kunduzi boʻshmisiz?-deb soʻradi.
—Nimaydi?
—Uloqqa kelasizmi, demoqchiydim.
—Kelsam kelaveraman, siz ham chopasizmi?
—Ha...
—Hech yutganmisiz?
—Endi... har xil boʻladi. Bir unday... bir bunday...

Qiz kuldi. Homidbek oʻngʻaysizlandi.
—Bilaman, yutmagansiz,-qiz shunday deb yana kuldi.-Eski zamonlar boʻlganida uylanolmay oʻtib ketarkansiz.

Homidbek «nega?» demoqchi boʻldi-yu, oʻzini tutdi. Qizning gapiga achchiqlandi. Biroq, qiz buni sezmay, gapini davom ettirdi:
—Haybatali amaki xotinlarini uloqda yutgan ekanlar, shu rostmi?
—Bilmadim... unaqamasdir.
—Nega bilmaysiz? Hamma biladi-ku? Oydin buvi oʻsha paytlarda juda chiroyli boʻlgan ekanlar. Hadeb sovchilar bosavergach, «kim uloqda zoʻr kelsa, oʻshanga tegaman» deptilar. Haybatali amakining koʻzlari u paytlarda yaxshi ekan, uloqda yutib chiqibdilar. Xuddi ertakka oʻxshaydi-ya?
—Odamlar toʻqigan gap bu.
—Oydin buvi Haybatali amakini tanlab toʻgʻri qilgan ekanlar.
—Ertaga Haybatali amaki ham tushmoqchilar.
—Voy, rostdanmi, unda albatta boraman.

Homidbek har gal qiz bilan xayrlashganida yuragida bir choʻgʻ qolganday boʻlardi. Bu safar choʻgʻ oʻrnini sovuq bir narsa egalladi. Qizning gaplari uning izzat-nafsiga tegib, oʻch olishga -oʻzini koʻrsatishga undadi. U faqat uloqdagina oʻzini koʻrsatishi mumkin edi. «Ertaga qanday boʻlmasin uloqni yutishim kerak. Keyin oʻzi yalinib keladi. Oydin buvining yoshligini nega esladi? Yo menga shartini bildirib koʻymoqchi boʻldimi? Qizlar ayyor boʻlishadi. Lekin baribir men oʻzimni koʻrsatib koʻyaman. Haybatali amakimga aytaman: «menga yaqinroq boʻling, yordam bering, albatta yutishim kerak», deyman. Ustam-ku, yordam beradilar...»

Homidbek Haybatalining uyiga kirganda bu gaplarni aytolmasligini sezdi. Qiz bilan boʻlgan uchrashuvni ham yashirdi. Xayrlashuv chogʻida cholning «ertaroq kel», deganiga «xoʻp, uyingizga kirib oʻtaman», deb otga mindi-da, yoʻrttirib ketdi.

...Chavandozlar temir yoʻlga yaqin katta maydonga toʻplandilar. Ularning aksari toʻpga yaqinlashgan Haybatali bilan quyuq soʻrashdilar. Toʻdada «chol ham tusharmishmi?» degan shivir-shivir boshlandi. Koʻpchilik uning eski kiyimda kelganidan «tusharkan», deb koʻydi. Lekin qariyaning uloq tashlanadigan joy -pakkadan sal nariga oʻtganini koʻrib, «shunchaki chiqqandir», debqoʻydi.

Solimchi echki tulupini oʻrtaga tashladi. Maydonni chavandozlarning qiyqirigʻi bosdi. Uloq yerdan uzildi. Bir necha uloqchi toʻpdan ajrab, otini surdi. Shundagina Haybatali otiga qarsillatib bir-ikki qamchi bosdi. Ot dupurlari orasida uning «Ol, ha, ol!» degan qichqirigʻi eshitildi. Uloqni taqimiga bosgan otliqqa yaqinlashgach, qamchinni tishlab, engashdi.Tizginni chap qoʻli bilan ushlab, oʻng qoʻlini uloq sari choʻzdi. Bu orada otliqlar koʻndalang boʻlishib, ularning yoʻlini toʻsishdi. Orqadagi dupurlar ham yaqinlashdi. Vaqt boy berilishi mumkinligini sezgan Haybatali tizginni qoʻyib yuborib, ikkala koʻli bilan uloqqa yopishdi-da, siltab tortdi. Ololmadi. Yana tortdi. Shu paytda kimdir uning otini qamchiladi. Ot oʻzini chapga oldi. Haybatali uloqni qoʻyib yubormay yana siltab tortdi. Otliqlar «iyuv, iyuv!» deb qiyqirishib ularni oʻray boshladilar. Haybatali bu safar juda keskin siltab uloqni tortib oldi-da, otni niqtadi. Ot tezlashdi. Haybatali uloqni taqimiga bosib, qamchinni qoʻliga oldi.

«Ol, ha, ol!» deb qichqirdi. U qamchi bilan otning goh u sagʻrisiga, goh bu sagʻrisiga urar, bu harakati bilan yaqinlashmoqchi boʻlayotgan chavandozlarni bezitib turardi. Shunda ham bir-ikki dovyuraklar uloqqa chang solishga jur'at etdilar.

Yoʻlning yarmi oʻtilganda toʻdada oʻn-oʻn besh chogʻli chavandoz qoldi. Koʻpchilik ularning qaytishlarida yoʻllarini toʻsish maqsadida toʻxtab, qulay joylarni tanladilar. Haybatali otga qamchi urayotgan paytida yon-atrofga qarab Homidbekni koʻrmadi. «Yoʻl poylayapti shekilli», deb achchiqlandi. U yoshligidan yoʻl poylovchilarni yoqtirmaydi. «Halol uloqchi pakkadan marragacha olishishi kerak, tayyorini tortib olish nomardning ishi», deb Homidbekka necha aytgan edi.

Chavandozlar marraga yaqinlashganlarida toʻda yanada quyuklashdi. «Iyuv, iyuv!», «Ol!», «Bos!» degan qichiqriqlar, otlarning pishqirishlari kuchaydi. Ayniqsa marra atrofida oyoq qoʻygani joy topilmadi. Chavandozlar toʻdasi koʻlanka singari chayqalar, otlar ogʻzidan oppoq koʻpik sochar, qamchinlar sharaqlar, qiyqiriq bir zum tinmasdi.

Haybatalining yoʻli butkul toʻsilgan, ot faqat burnini kerib pishqirar, sakrashga chogʻlanardi. Bir necha qoʻl baravariga uloqqa yopishar, lekin Haybatali taqimini boʻshatmasdi. Uloqning bir qoʻl, bir oyogʻi allaqachon yulib olingan, uni ushlab tortib olish ancha qiyinlashgan edi. Haybatali bu ahvolda marraga oʻtib boʻlmasligini bilib, otni qaytardi. Toʻda soya singari unga ergashib biroz siyraklashdi. Haybatali otni temir yoʻl tomon soldi. Keyin boshqalar uchun kutilmaganda shart orqaga burildi. Uni yana oʻrab ola boshladilar. Marraga yaqinlashganida kimdir yana uning otini qamchiladi. Yuziga koʻzi aralash bir narsa «shilt» urilib, jon achchigʻida ingrab yubordi. Birdan boʻshashib, oyogʻidan kuch ketdi. Kimdir bir siltashda uloqni tortib oldi. Shundan keyingina Haybatali uloqni taqimiga bosib olib, otini qamchilayotgan Homidbekni koʻrdi. «Yaxshi, endi undan oʻzim olaman», deb oʻylab ot surmoqchi boʻldi. Ammo uni endi yaqinlashtirmadilar. Marraga juda oz masofa qolgani uchun u shoshilar, lekin harakatlari foydasiz edi. Chavandozlar bir qiyqirishdi-yu, jim qolishdi. Haybatali uloqni marraga kim tashlaganini avvaliga bilolmadi.

Otliqlar asta tarqalishdi. Toʻyboshi Homidbekka toʻn kiygʻizayotganda Haybatali gʻalati boʻlib ketdi. Otini burib, yengil qamchi urdi. U boshqalar kabi toʻyxonaga ham bormadi, ikkinchi marta tashlangan uloqqa ham qaramadi. U otni oʻz holiga qoʻygan, oyogʻining zirqirab ogʻrishiga ham, qamchin zahridan yuzining lovillashiga ham e’tibor bermas edi. Qaerlarda yurganini, nimalarni oʻylaganini oʻzi ham tuzuk-quruq bilmadi.Bir payt qarasa, ot boshini egganicha hovlisiga kirib boryapti. Hovlida kampiri, qoʻlida katta tugun.
—U nima?-deb soʻradi Haybatali otdan tushmay.
—Homidbegingiz tashlab ketdi, mukofotingiz emish.

Haybatali engashib, tugunni kampirining qoʻlidan oldi-da, otni orqaga burdi. Kampir «yana hayallab ketmang», deganicha qoldi.

Haybatali Homidbekning uyiga kelib ham otdan tushmadi. Qamchin dastasi bilan eshikni taqillatdi. Yigitning otasi chiqib, odaticha tilla tishlarini koʻrsatib kuldi-da, yoqimsiz bir mulozamat bilan ichkariga taklif qildi. Haybatali qulluq ilib, tugunni uzatdi.
—Nima bu?
—O'gʻlingizning mukofoti, uloqda yutdi.
—O'zi qani?
—Toʻyxonada. «Buni dadamga berib qoʻying», dedi.
—Obbo azamat-e, yutibdi-da, a? Sizning sabogʻingizni olgan-da.
—Bunaqa mukofotni... ota oʻgʻil yutadi,- Haybatali shunday deb ot tizginini tortdi.

U kechki ovqat payti ham taomga qaramadi. Barvaqt joy soldirib yotdi. Sandiqni ochib, eski kiyimlarini taxlayotgan kampiriga qarab:

—Solmay tur,-dedi. Keyin orqasini oʻgirib, koʻrpaga burkanib oldi-da, qoʻshib koʻydi:-Rais toʻyida beradigan uloqqa boshqa solimchi topibdi. Men uloqqa tusharkanman, qattiq iltimos qildi. Shunisi oxirgi marta boʻladi... Aytganingday, salgina qaribman...