OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Vasiyatnoma (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiVasiyatnoma (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vasiyatnoma (hikoya)
Tohir Malik

Bu xunuk xabarni aytish shunchalar osonmi? Bunday gaplarni aytaverib, diydasi qotib qolganmi?

«Ziyrak boʻlib turinglar, joni shu kecha uziladi... Tonggacha yo boradi, yo bormaydi...»

Bu soʻzlar «Endi yolgʻiz qolamanmi?» degan vahimani uygʻotib, yuragiga oʻqdek qadaldi. Xotinini aldadi: «kasalxonani vaqtincha berkitishar ekan, isitgichlari yangilanar emish...»

Saida bu «yangilikni» eshitib, jilmayib qoʻydi. Qosimning nazarida uning koʻzlari quvonchdan chaqnab ham ketganday boʻldi. «Nimaga jilmaydiykin? Uyga qaytayotganidan xursandmi? Yo... aldayotganimni sezdimi? Balki... koʻngli sezgan boʻlsa... jonim uyda uzilarkan, debquvondimi?..»

Saidaning uyga qaytishidan qizlari bexabar edilar. Qosim tabiblar zambilida bemajol yotgan xotinini haydovchi yigit yordamida uyga olib kirib yotqizdi. «Xizmat haqi», deb pul uzatgan edi, yigit unga ajablanib qaradi-yu, iziga qaytdi.

«Nega pul olmadi? Yo «oʻlayotgan odamni koʻtarganim uchun haq olmayman», demoqchi boʻldimi? Bu fikr Qosimning miyasiga choʻqmordayin urilib, to tovoniga qadar zirillatib yubordi. Kichik qiziga qoʻngʻiroq qilgach, xotini yotgan uyga kirdi.
—Nilu keladi,-dedi u.-Bir achchiq mastava qilsin, ichsang ter bilan chiqib ketadi...

«...ter bilan nima chiqib ketadi?..»

«...jon terga qoʻshilib chiqib ketishi mumkinmi?..»

O'z ogʻzidan chiqqan gapni xayolida kavlashtirib, koʻngli battar gʻashlandi. Xotiniga bir qarab oldi. Saida bu qarashga javoban yana bir jilmayib qoʻydi. «Nimaga jilmayyapti?-deb oʻyladi u.-Nimaga uning koʻzlariga qaray olmayapman? Bunaqada sezdirib qoʻysam...» Qosim ham oʻzini, ham xotinini chalgʻitish uchun nimadir deyishi kerak edi. O'sha «nimadir» tiliga kela qolsa-chi? Ilgarilari arazlashib, soʻng yarashganlarida kalovlanib, aytishga gap topolmay shunaqa soqov boʻlib qolardi. Yoʻq, u hozir oʻsha damlarni eslamadi, buni u keyinroq, xotinini dafn qilib kelganidan soʻng xotirlaydi. Hozir esa dars tayyorlamay, muallimi roʻparasida mulzam boʻlib turgan bola holida - aytmoqqa bir yaxshi gap izlaydi.
—Odamlar ham qiziq,-dedi u kulimsirab,-pul oʻzgararmish, deb toʻzib yurishibdi. Hoy, dunyo oʻzgarib ketyapti-ku, pul oʻzgarsa nima ekan, deyman.
—Kuyib qolmaylik, deb qoʻrqishadi-da...

Xotini shunday deb tamshanib qoʻydi. Soʻng uni hiqichoq tutib, koʻzlarini yumib oldi.

«Aytishga shundan boshqa gap yoʻq ekan, men ahmoq jim turavermaymanmi? Pul oʻzgaradimi yo kuyib ketadimi, unga nima?!»

U xotinining boshini asta koʻtarib, labiga piyolada sovuq choy tutdi. Saida bosh chayqadi-ichmadi. Shu damda hovlidan Muharramning ovozi eshitildi. Muharram - Saidaning tengquri. Toʻrt xonadon narida turadi. Qarindoshdan ham a’loroq darajada yaqin qoʻshni. Ochiq koʻngilli, shaddodgina bu ayol ularning barcha toʻy-ma’rakalariga bosh-qosh boʻlib, ogʻirlarini yengil qilgan.

Hovlida hech kim boʻlmasa ham u kirib kelayotganini ma’lum qilish uchun oʻziga oʻzi gapirardi:
—Bolalar «Saida opoqim keldilar», deyishdi. Saida opoqing kelsalar, jonlariga mening jonim qoqindiq. Bannisada mazza qilib yotgan erka xonim bu-ku, bir haftada sogʻinib, siqilib yorilay degan men bechoraman. Erka xonim qanilar?

Muharram shunday deb ichkari kirib, hiqichoq tutib yotgan dugonasini koʻrdi-yu, ovozini pastlatdi. Biroq, yuragida uygʻongan tashvishli tuygʻuni sezdirmadi. Saida bilan koʻrisha turib, yostigʻini tuzatdi. Boshini koʻtaribroq yotqizdi.

Chetdan kuzatgan kishi bu ayol yana bir necha soatdan keyin joni uziladigan dugonasi bilan emas, oromgohdan yoki horij safaridan qaytgan qadrdoni bilan chaqchaqlashib oʻtiribdi, deb oʻylashi mumkin edi. Muharramning yuzida kulgi boʻlsa-da, dugonasiga qaragani sayin yuragidagi zardob tobora toʻlib borardi. Zardob kosasi qachon toʻladi, qachon bu yolgʻon kulgi yigʻiga aylanadi, oʻzi ham bilmaydi.

Nilufar kelgach, uning mushkuli osonlashdi. Oilaning kenjasi bilan koʻrishayotib: «Opalaringni ham chaqirdingmi?» deb soʻradi. «Ha, chaqirdim», degan javobni eshitgach, bir oz hotirjam tortib, hovliga chiqdi.

Qosim uch tarafi panjara bilan oʻralgan taxta karavotda oyoqlarini osiltirib oʻtirardi.
—Mullaka, doʻxtir bir nima demadimi?

Qosim unga bir qarab oldi-yu, indamadi. Haqiqatni anglab yetishi uchun Muharramga shu qarashning oʻzi kifoyaqildi.
—Bir nima degan boʻlsa... gapi rostga oʻxshaydi. Xabar kelib qolibdi...-Muharram keyingi gapni yigʻlamsirab aytdi.-Qizlarga ma’lum qilib qoʻyish kerakmikin... G'aflatda qolishmasin. Uzoqdagi qarindoshlarga ham xabar qildiring. Keyin sizdan oʻpka-gina qilib yurishmasin. Tirikligida rozi-rizolik soʻrab qolishsin.

Qosimning shu yoshga kirib egilmagan boshi shart egildi. Buni oʻzi ham sezmadi. Shu koʻyi uzoq oʻtirdi. O'rtancha qizi kirib kelganida ham shu alpozda edi. Arofat otasining oʻtirishini koʻriboq piqillab yigʻlab yubordi. Muharramning tanbehidan soʻng ovunib, uyga kirib ketdi.
—Turing, bunday oʻtiravermang,-dedi Muharram buyruq ohangida.
—Men uningqadriga yetmadim...

Qosim bu gapni oʻzi uchun, past ovozda aytgan edi. Ammo Muharramning bagʻoyat ziyrak qulogʻi buni eshitdi.
—Odam Atodan keyin qaysi erkak xotinining qadriga yetibdi? Qoʻying, kuymang, dunyoning boʻlgani shu, odamzot bir-birining qadriga boshiga tashvish tushgan paytda yetib qoladi. Turing, uyga kiring.

Toʻngʻichi Naima kelgach, Qosim ham uyga kirdi. Saidaning hiqichogʻi tingan, osmonga qaragan holda yengil hurrak otib uxlardi. Burun kataklari bir oz kerilgan edi. Muharram labini tishlab, bosh chayqab qoʻydi-da, Qosimning qulogʻiga shivirladi:
—Domla chaqirib keling, oʻqitish kerak...

Boshqacharoq holat boʻlganida Qosim: «Nimaga? Shartmi? O'qib nima karomat koʻrsatardi?» deb lanjlik qilishi mumkin edi. Hozir baodob boladay «xoʻp» deb orqasiga qaytdi. Keladigan domla uning nazarida birgina «kuf-suf» qilsayoq, xotini turib ketadiganday edi. Domlani aytib kelaman, deb koʻchaga chiqdi-yu, oʻylanib qoldi: domla kim? U qaerda turadi? U ma’rakalarda domlalarni koʻrgan, lekin bu atrofda qaysi biri yashashini bilmas edi. Roʻparadagi qoʻshnining oʻgʻli darvozaga suyanib, saqich chaynab turgan ekan, oʻshani chaqirib soʻradi:
—Domlaning uyini bilasanmi?
—Qaysi domlani?
—O'qiydigan domla.
—Bilmayman... machitda tursa kerak.
—Qaysi machitda?
—Ana, yangi machitda.
—Borib aytib kel. «Tez borarkansiz, shaxsan Qosim Majidovich iltimos qildilar», degin.

Bola istamaygina «xoʻp», deb burilganida «bolaga yoʻq deb yubormasin, oʻzim bora qolay», degan xayolda: «Toʻxta, birga boramiz», dedi.

O'ttiz-oʻttiz besh yoshlardagi imomga gapni uzoqdan boshlashning hojati yoʻq edi. Qosim chaynalib gap boshlagandayoq, u maqsadini angladi. «Yangamiz xastamilar?», dedi-da, Allohdan shifo tilab duo qilib, oʻrnidan turdi.

Domla oʻqiyotganida Saida koʻzlarini ochdi. Karavotning oyoq tomonida oʻtirgan qizlariga qarab jilmayib qoʻydi. Bu jilmayish barchalarining qalbiga umid nurini berdi. Domla «Yosin»ni oʻqib boʻlgach, duo qilib oʻrnidan turdi. Hovliga chiqqach, Qosimning pul uzatgan qoʻligaqarab olib:
—Masjidga bering,-dedi. Keyin qoʻshib qoʻydi:-Umid yolgʻiz Allohdan, ammo... ehtiyot - shart! Har xil bekorchi xayollarga berilmay, kalima keltirib turing.

Domla shularni aytgach, «Kalima keltirish nimaligini bilasizmi?» deganday unga savol nazari bilan qaradi.

Qosim ham unga javoban savol koʻzi bilan boqdi. Domla: «La ilaha illolloh» tilingizdan tushmasin», dedi-da, koʻcha eshik sari yurdi.

Bu kalimani Qosim koʻp martalab eshitgan, ma’nosini ham yaxshi biladi. Biroq, aytib yurmagani uchun tili qotib, darrov takrorlashning evini qilolmadi. Soʻri oldida turib kalimani takrorlab mashq qilayotganda Naima chiqdi.
—Ada, domla nima dedilar?
—Domla... «Umid yolgʻiz Allohdan», dedi. Xudo xohlasa, oying tuzalib ketadi
—Aytganingiz kelsin, ishqilib. Hozir ancha yaxshilar. Gaplashyaptilar. Ada...-qiz yalinish ohangiga oʻtdi:-men uyimga ketaveraymi?
—Yotibqolmaysanmi?
—Bodring tuzlayotgan edim...

Qosim qizini birinchi marta koʻrayotganday unga ajablanib qaradi. Keyin achchiqlandi: onasidan koʻra bodring afzalmi bunga? «Erim koʻp ichadi», deb-ku, hasratidan chang chiqadi. Yana unga oʻzi bodring tuzlab beradi... Zardasi qaynagan Qosim doʻxtirning gapini qiziga aytgisi ham keldi. Keyin: «Ketaversin, oʻtirgani bilan nima foyda?» degan toʻxtamga keldi.
—Kuyovingizga arzonroq bodring uchragan ekan, bir qopini koʻtarib kelibdilar. Vaqtida tuzlanmasa irib ketadi-ku? Ertalab azonda yetib kelaman.
—Boraver...

Naima otlanmasidan turib, Arofat ham uzrini aytdi: ertaga kuyov toʻra «gap» berar ekanlar! Shunga somsa, norin deganday... Bu kech tayyorlab qoʻymasa, ertaga kunduzi qaysi biriga ulguradi?

Otadan ruhsat tekkach, qizlar onaning koʻnglini koʻtarib, soʻng izn olmoq maqsadida ichkari kirdilar.

Saidaning orqasiga qoʻsh yostiq qoʻyilgan, u qaddini tutib oʻtirar edi. U qizlarning koʻzlariga bir qarashdayoq, maqsadlarini anglab, jilmaydi:
—Adanglarning turgan bitganlari - vahima. Sizlarni bekorga ovora qilibdilar. Xudoga shukr, tuzukman. Boʻlmasa doʻxtir uyga ruxsat berarmidi? Sizlar uylaringga boraveringlar. Nilu, jonim, sen ham boraqol, qaynonang yarimjon, qiynalib qolmasin. Lekin... yana koʻngillaringga kelmasin-u... Yonimdagi karavotda yotgan xotin eskichani bilarkan. Yoshmi, qarimi, oʻladigan kasalmi yo sogʻmi - farqi yoʻq, bir-biridan rozi-rizolik soʻrab turishi kerak ekan. Oyim rahmatli hali kasal boʻlmay turib, shunday qilgan edilar. Sababini endi bildim.
—Vuy, oyi...-Nilufar shunday deb yigʻlab yubordi.
—Agar yigʻlasalaring, men buni boshqacha tushunaman. Koʻnglim ranjiydi. Gapimni oxirigacha eshitinglar: kecha tushimda adam rahmatli bilan oyim rahmatlini koʻrdim. «Seni hali-beri chaqirmaymiz, ammo biz qilib qoʻygan ishni qilib qoʻygin», deyishdi. Ular qilgan ish - rozi-rizolik-da. Men hammalaringdan roziman. Sizlar ham mendan rozi boʻlinglar: ehtimol besabab urushgandirman, ranjitgandirman, oʻzimni tutolmay qargʻab yuborgandirman, qargʻishlarim yurakdan boʻlmagan, Xudo kechirsin, sizlar ham gunohimdan oʻtinglar. Adasi... siz ham rozi boʻling, sizga vaqtida yaxshi qaray olmadim...
—Qoʻysang-chi shu gaplarni...
—Endi siz chiqib turing. Qizlarga bir-ikki ogʻiz gapim bor.

Qosim yana noiloj tashqariga chiqdi.

Saida «otam bilan onam chaqirishmas ekan», deb barchani aldagan edi. Bir oy avval tushida u kavushini oʻgʻirlatdi. O'shandan beri koʻzi ilindi deguncha, otasi bilan onasi uni chaqiraveradi, chaqiraveradi... Saida bu chaqiriqlarning oqibatini yaxshi biladi. Bir oy burun Qosimning tushida jagʻ tishi tushgan edi, lekin u bunday irim-sirimlarga ishonmaydi.

Dam oʻtmay uchchala qiz koʻngillari vayron boʻlgan holda, hovlida koʻrinishdi. Hozir bodring tuzlash ham, erining ertangi «gap»iga tayyorgarlik ham ularning xayolidan koʻtarilgan edi.

Saidaning ularga doimo qilib yuradigan nasihatlaridan keyingi gaplari qizlarni karaxt qilib qoʻygan edi. Hovli oʻrtasida qaqqayib turgan otalari koʻzlariga nechundir xunuk koʻrindi. Unga gʻalati qarash qilib, sovuqroq holda xayrlashishdi. Qosim ichkaridagi gaplardan xabari yoʻq, qizlaridagi oʻzgarishni sezdi-yu, ammo «Onang nima dedi?» deb soʻramadi. Ular chiqib ketishgach, uyga kirdi. Saidaning orqasidagi yostiqlar olingan, endi u shiftga tikilganicha bemajol yotardi. Nafas olishi bejo, tanasida uygʻongan ogʻir azobni yengish uchun onda-sonda ingrabqoʻyadi.
—Muharram... koʻkragimni ozgina bosing...

«Ogʻriq koʻkrakda ekan-da?» deb oʻyladi Qosim.
—Ogʻriyaptimi?-dedi Muharram mehribonlik bilan.-Mening qoʻllarim emas, Luqmoni hakimning koʻllari. Allohim, oʻzing shifo ber...

Saidaning mijjalaridan ikki tomchi yosh sizib chiqdi. Muharram buni koʻrib Qosimga qaradi-da «vo-ey, qizlar ketishmasa boʻlardi», deb pichirladi. Saida koʻzlarini yumib, asta tamshandi.
—Suv olib keling,-dedi Muharram past ovozda.-Toza paxta ham...

Qosim shoshilganidan paxta topa olmay, bir piyolada suv koʻtarib kirdi.
—Vo-ey, erkak zoti bunchalar noshud qilib yaratilmasa,-dedi Muharram zorlanib.-Labiga tomizing. Barmogʻingiz bilan tomizing.

Qosim Muharram aytganday qildi. Shu payt Saida koʻzlarini shart ochdi. Shiftda nimadir qidirganday olazarak boʻldi-da, soʻng... yana asta yumdi.
—La ilaha illolloh!-deb yubordi Muharram. Soʻng Saidaning bosh tomoniga oʻtib, jagʻini ushladi.-Boʻldi, boring, qoʻshni xotinlarni chaqiring. Qizlarni ham,-dedi.

«Nimani «boʻldi» deyapti?-ajablandi Qosim.-O'ldimi? Shu qadar osonmi jon berish... Shu qadar beozor... Shu qadar beozor-a... Men uning qadriga yetmay yashadim-a... Qadriga yetmadim-a...»

...Janoza oʻtdi. Uch kun aza ham oʻtdi. Qosim «qizlar ketsa, yolgʻiz qolamanmi? Tunlari bilan Saidaning ruhi yonimda boʻladimi?» deb oʻyladi.
—Qirqlari oʻtgunicha oyimning uylarida yotamiz. Qirq kungacha arvoh kelib xabar olarkan,-dedi Naima.

Qosim indamadi. Biroq, koʻnglidan «tirikligida kelib yonida yotsalaring boʻlmasmidi?» degan armonli gap oʻtdi.

Qizlar Saidaning joni uzilgan uyda xontaxta atrofida xolalari bilan gurunglashib oʻtirishardi. Qosimga bir togʻdan, bir bogʻdan boʻlayotgan gaplar yoqmadi. Yuragi siqilib, tashqariga chiqdi. Soʻriga borib, endi oʻtirgan edi, Muharram ham uydan chiqib, unga yaqinlashdi.
—Hadeb «uf» tortavermang. Erkak odamga uyat boʻladi,-dedi u.

Qosim boshini eggan holda mingʻirladi:
—Ezilmasdan boʻlarkanmi? Men uning qadriga yetmadim...
—Obbo... hadeb shunaqa deyavermang. Qadriga yetgansiz. Xotinini norozi qilganlarni ham yer koʻtarib yuribdi-ku?! Saida oʻrtogʻim sizdan rozi boʻlib ketdi. Shukr qiling.

Bu gapni eshitib, Qosim boshini koʻtardi:
—O'zi aytdimi?
—O'zingiz eshitdingiz-ku? Menga ham alohida aytdi.

Darvoqe... aytib edi. Lekin koʻngil taskini uchun birgina «roziman» degan soʻzning oʻzi kifoyamikin? Saida Qosimdan rozi ekan, Qosim-chi? Uning oʻzi oʻzidan rozimi? Koʻngil taskini koʻproq shu savolning javobiga bogʻliq. Qosim bu fikrini qoʻshni ayolga oshkor qila olmaydi.
—Qizlarni olib qolib nima degan edi? Qizlar ranjib chiqishdi, men sezdim.
—Qizlargami?..-Muharram eshitganini aytishga istihola qildi.-Vaqti kelsa qizlarning oʻzi aytadi. Havotirlanadigan yeri yoʻq.
—Shunchalik sirli gapmidi?.. Nima uchun oʻzimga indamadi?
—Voy, esim qursin, u sizga aytadiganlarini bir varaq qogʻozga yozib qoʻygan ekan. «Keyinroq oʻzlari oʻqib olarlar», degan edi-ya...
—Qani oʻsha xat?
—Ichkarida. Xitoydan bir allambalo choynak olib kelgan ekansiz. O'shaning ichiga solib koʻyibdi.

Qosim oʻrnidan turgan edi, Muharram uni joyiga qaytardi.
—Namozshomda olib oʻqimang, xosiyati boʻlmaydi. Ertaga tong otganda oʻqirsiz.

Keyingi kunlar ichi kim nima desa Qosim odobli bola singari «xoʻp» deb quloq soladigan boʻlib qoldi. Birov kelib «hovlida oʻtin yormanglar», deydi. Boshqasining gapiga qaralsa, bodom chaqish mumkinmas. Qosim «nima uchun?» deb sababini soʻrab oʻtirmaydi. «Qoidasi shunaqa ekan-da», deb qoʻya qoladi. Agar hozir birov kelib: «Marhumaning joni uzilgan uyning suvogʻini koʻchirib, qabristonga tashlash kerak», desa, shu ishni qilishdan ham toymaydi. Muharram: «xatda yurakni ezadigan gaplar boʻlsa, kechasi bilan behalovat boʻlmasinlar», degan maqsadda «tong otganda oʻqirsiz», degan edi. Qosim buning fahmiga yetmay, «shunaqa odat ham bor ekan-da», debqoʻydi.

Uch kunlik azada horigan ayollar uyquga ketishdi. Qosim qizlarining qistovi bilan xonasiga kirib, bir oz yotdi. Badaniga hukmini oʻtkazayotgan hordiq uyquni chaqirardi. Lekin bedor kipriklar qovusha qolaylik deyishmas edi. Muharram uni tungi bezovtalikdan asramoqchi edi, aksi boʻlib chiqdi - xayolini Xitoydan keltirilgan choynak ichidagi xat band etdi: «Nima uchun oʻzimga ayta qolmadi gapini? Nima uchun yozdi? O'zimga aytishdan istihola qildimi? Nima deb yozgan boʻlishi mumkin?» Muharram unga goʻyo «tunda ermak qiling», deb bir tugun chigil savollar ipini tashlab ketgan edi. Qosim yuragi hapriqib, oʻrnidan turdi. Tongga qadar sabri chidamasligini bilib, xatni olib oʻqimoqchi boʻldi. Xat - choynak ichida. Choynak - javonda. Javon - Saidaning joni uzilgan uyda. Uyda esa ayollar yotishibdi. «Sharpasiz kirib, olib chiqaman», deb oʻyladi. Uyda chiroq oʻchmagan. Eshikni qiya ochib, ichkari qaradi: javon yonida kenja qizi yotibdi. Xuddi xatni qoʻriqlayotganday... Javonga yetguncha ikki qayinsinglisining ustidan hatlab oʻtishi kerak. Qosim noilojligidan afsuslanib, eshikni yopdi. Ammo xonasiga qaytmadi.Hovliga chiqdi.

«Men uning qadriga yetmadim... U mendan rozi boʻlibdi... Balki til uchida aytgandir... Dilidagini qogʻozga bitgandir... Nimalarni yozishi mumkin? Balki... oʻsha birinchi marta....»

...birinchi xiyonati....

Koʻp yil boʻldi bunga. Lekin oʻsha voqeaning butkul tafsiloti ipidan-ignasigacha yodida turibdi. Uningki yodida turibdimi, Saida ham unutmagandir. Ayol uchun uch oʻlim bor: biri -jismoniy oʻlimi - bu dunyoni tashlab ketadi. Lekin unga qadar necha marta oʻlib tiriladi: biri - koʻzi yoriganda. Ikkinchisi - kundosh koʻrganda. Qadimda oshkora ravishda xotin ustiga xotin olaverishgan. Endigilarning ayrimlari ba’zan sanoqsiz uylanishadi, biroq - pinhona! Balki «xotinim bilib kuymasin yoki oʻlib-tirilmasin», degan yaxshi maqsadda pinhona ish tutishar. Endi bu hol Allohga ma’lumdir, biz gunohkor bandaga bunisi qorongʻi. Xullas, oʻsha, birinchi xiyonatda Saida birinchi marta oʻlgan edi.

O'shanda Qosimning baxti kulgan kezlar edi. Uch yil xorijda ishladi, topish-tutishi durust boʻldi. Uylandi. Saidaning qadami qutlugʻ kelib, xorijda toʻplab qoʻygan puliga «Volga» avtomashinasini oldi. Yaxshigina idoraga ishga joylashdi.

...kelishgan yigit. Ishga «Volga»sida keladi. Barmogʻida mashina kalitini chir aylantirib oʻynatadi.

...xonalarida chiroyligina, kulishlari shiringina bir juvon bor. Bir kuni yalinish ohangida: «Tobim qochib qoldi, kuzatib qoʻya olmaysizmi?»-dedi.

...kuzatdi.

«Erim koʻp safarga chiqadi, hozir ham safarda»,- dedi juvon.

«Erining safardaligini bekorga aytmayotgandir?»-deb oʻyladi Qosim.

«Uyga kiring. Braziliya qahvasidan bir xoʻplamgina iching», dedi juvon.

Odam Ato bilan Momo Havvo shayton vasvasasiga bandi boʻlganlarida qoʻshilishlaridan avval olma yeyishgan ekan, endigilar qahva ichsalar yetarli...

Qosim uylanguniga qadar boʻlganlarini xiyonat hisoblamaydi. Ular boʻydoqlikka hos koʻngilxushliklar edi. Uylangach, bu yoʻlga qadam bosmaslikka ont ichgandi. Bu juvon tushmagur uyiga olib kelib, labini choʻzib turgandan keyin nima qilsin? Qahva ichib ketaversa uyat boʻlmasmikin...Juvon hisobdan adashgan ekanmi yoki erining koʻngli bu shumlikni sezib, safar muddatini qisqartirganmi, har holda, ukpar bulutlar ustida sarxush suzishayotgan pallada eshik koʻngʻirogʻi jaranglab qoldi. Apil-tapil kiyinib, ikkinchi qavatdan sakradi. Mashinada ketaturib balanddan sakragani holda oyolariga shikast yetmaganiga bir quvonsa, qoʻshnilar koʻrib qolmaganiga, «oʻgʻri» degan gumonda quvishmaganiga bir suyundi. Bu yoʻlga boshqa yurmayman, deb qasam ichdi...

...Uyda esa...

Xotin kishining dimogʻidek sezgir narsa yoʻqdir. Saida begona hidni darrov ilgʻadi. Biroq, «Menga shunday tuyulgandir», deb oʻzini ovutdi. Yotar mahali Qosim yechinayotganda esa... teskari kiyilgan ichkoʻylak gumonini tasdiqladi. Saida oʻshanda janjal qilmadi. Lekin... uni qirq kun oʻziga yaqinlashtirmadi.

Qosim hozir oʻsha voqeani esladi. «Xiyonat edi», deb tan berdi. Shuncha yildan beri barcha aybni oʻsha juvonga yuklardi. Hozir oʻzi ham sezmagan holda xiyonat qilganini boʻyniga oldi: «Saida meni oʻsha kuniyoq tashlab ketishi mumkin edi. Lekin ketmadi. Nimaga ketmadi? Xatda shuning sababini yozganmikin? Har holda xotin emas, farishta edi... Qadriga yetmadim...»

Qosim oʻrnidan turib derazaga yaqinlashdi. Ichkarida xotinlar oʻsha alpozda yotishibdi: xat turgan javon goʻyoki koʻrgʻon-u, ular posbonlarday...

«Yoʻq, u bunaqa gaplarni kavlashtirmaydi,-dedi u soʻriga qayta turib.-Shuncha yil indamagan, endi yozib ketadimi? Keyin qoʻlga tushganimda ham «gʻing» demagan... Balki... «buzuq!» deb soʻkkanimni yozganmikin? «Siz oʻshanda menga tuhmat qilgansiz, bu tuhmatni kechira olmayman», deganmikin? Tuhmat edi... toʻgʻri...»

O'shanda «Qoʻrqqan oldin musht koʻtarar», degan hikmatning hayotdagi isboti boʻlgan edi. Xorijliklarni Maskovdan boshlab kelgan tarjimon qiz qaymoqdekkina ekan. Ungacha qasamini takror va takror buzgan Qosim uchun yana bir marta gunohga botish hech gap emasdi. Qahvaxonaga oʻtaverishda ayvonchada muzqaymoq yeb oʻtirgan Saida bilan katta qizi Naimani koʻrdi-yu, «qoʻlga tushdim», deb yuragi shuv etib ketdi. Toʻgʻri, koʻlga tushgan edi. Lekin Saida qizi oldida uni sharmanda qilishni istamadi. Beparvo oʻtiraverdi. O'shanda ularning yonidagi boʻsh kursiga bir kishi kelib oʻtirdi. Qizaloqqa nimadir deb kulib qoʻydi. Muzqaymoq yeb boʻlishgach, Saida bilan qizi turishdi. Notanish kishi joyida qolaverdi. Uning notanishligi kundek ayon edi. O'sha damda Qosimning koʻnglida gumon uygʻonmagan ham edi. Gumon, aniqrogʻi - bahona uyga qaytganida bosh koʻtardi. Kira solib dabdurustdan: «Kimlar bilan muzqaymoq yalashib yuribsan?!» dedi. Saida bunday xujumni kutmagan edi - dovdirab qoldi. Qosim esa avjiga chiqib, beixtiyor: «buzuq!» deb yubordi. Aytishga aytdi-yu, tilini tishladi. Saida bir kun yigʻladi, ertasiga ham koʻzlari qizarib yurdi. Qosim notoʻgʻri ish qilganini bilsa ham, maqsadi oʻzini oqlab olish boʻlgani sababli chekinmadi, uzr soʻramadi.

Oradan kunlar, oylar oʻtib, bu noxushlik unutilganday boʻldi.

«Unutmagan ekanmi?-deb oʻyladi Qosim.-Balki... «O'zingiz buzuq boʻla turib, menga shunday tuhmat qilgan edingiz-a» deb yozdimikin? Yozsa haqqi bor. Hech boʻlmasa oʻsha gap uchun uzr soʻrab qolmadim-a... Chakki boʻldi. Agar oʻshani eslagan boʻlsa, qargʻab-qargʻab yozgan boʻlsa ham roziman. Haqqi bor... Lekin... u buni yozmaydi. Yuzimga aytmagan odam oʻlishi oldidan yozib ketmaydi. Unda nimani yozadi? Balki... «otamdan xabar olib turing», degandir? Shu fikr Qosimning qorongʻi fikrini yoritganday boʻldi. «Ha, shuni yozgan. Otasi bilan yarashib olishimni xohlar edi. «Boring, uzr soʻrang, uyga olib keling, birga yashang», degan».

Qosim qaynotasini eslab, etlari jimirlashib ketdi. Shu onda taqdirlarining oʻxshashligini kashf etdi.

Unda ham uch qiz. Qosimda ham. U ham ellikdan oshib-oshmay beva qolgan. Qosim ham...

Faqat...

Endi qaysi kuyovi Qosimni qariyalar uyiga olib borib topshirar ekan?

Qaynotasi Saidani yaxshi koʻrar edi. Saidaning ham otasiga mehri baland edi. Otasini birga yashashga koʻndirganida Qosim qiliq chiqardi. Qaynotasining birga yashashini xohlamadi. «Uyni sotib, oʻzini qariyalar uyiga beraylik, xabar olib turamiz», dedi. Saida yigʻladi. Ammo eri bilan bu safar ham urishmadi. Bemehrlikda ayblamadi.

«Qaytar dunyo» degani shumi?-deb oʻyladi Qosim. O'sha gapim uchun endi jazolandimmi? Saida shuning uchun meni tashlab ketdimi? Qaysi kuyovim olib boradi meni... Yoʻq!..»

Qosimning koʻkragi qizib, nafasi qaytdi. Oshxonaga kirib, sovuq suv ichdi. Chiqayotib turtinib ketdi, nimadir tushib sindi. Sharpadan uygʻongan Nilufar oʻrnidan turib tashqariga chiqdi.
—Ada, mazangiz qochdimi?-dedi u mehribonlik bilan

Qosim bosh chayqadi.
—Ozgina uxlab olsangiz boʻlardi.

Shu payt subhi sodiq kirganini ma’lum qilib, azon tovushi yangradi.
—Sahar boʻldi, ada, kirib yoting.
—Qizim, Xitoydan olib kelgan choynagim bor-ku? Bilasan-a? O'shaning ichida xat bor ekan, olib chiq.
—Hozirmi?-deb ajablandi Nilufar.
—Ha, hozir. Faqat... oʻqima, xoʻpmi? Toʻxta, Nilu, oxirgi kuni oying meni chiqarib yuborib sizlarga nima devdi?

Nilufar unutgan narsasini eslamoqchi boʻlganday, yerga qarab bir oz jim qoldi. Qosim «javobni tez aytasan», deb shoshirmadi. Saida oʻsha kuni qizlariga «Agar oʻtib qolsam, qirq kundan keyin adanglarni albatta uylantirib qoʻyinglar», degan edi. Nilufar bu gapni otasiga ayta olmadi. «Hozir yodimda yoʻq, opam turganlarida aytarlar», dedi-da, tez-tez yurib uy tomon ketdi. Dam oʻtmay kaftdek qogʻoz koʻtarib chiqdi. Qosim oshxonaga kirib, buklogʻliq qogʻozni ochdi-da, chiroq yorugʻiga tutdi. Xat bir necha satrdan iborat edi:

«Bir kishi hadeb avtobusga salom berar ekan.Sababini soʻrashsa «Shu avtobus qizim kelin boʻlib tushgan mahalladan oʻtadi, quda tomonning hurmati-da», degan ekan. «Kuyovni paygʻambarlar siylaydi», deyishgan. Adasi, jon adasi, koʻp aytdim, quloqqa ilmadingiz. Endi oxirgi iltimosimni bajaring: kuyovlaringiz kelishganda oʻtirgan boʻlsangiz, oʻrningizdan turib salomlashing, xoʻpmi?..»

Qosim xatni ikki marta oʻqib chiqdi. Davomi yoʻqmi, deb qogʻozning orqasiga ham qarab oldi. Soʻng... bagʻrini toʻldirib yigʻi keldi. O'zini toʻxtata olmadi - oʻkirib yigʻlab yubordi.

ALQISSA: Yo Tangrim, bandalaringni Qosimday boʻlib qolishidan oʻzing asragin. Omiyn ya Rabbil olamiyn!