OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiZijxazdan Kengqoshga sayohat (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zijxazdan Kengqoshga sayohat (hajviya)
Tohir Malik

«
Birovga aytib bergan edim, «oʻlay agar, ishonmadim», dedi. Mayli, ishonmasa ishonmasin, ammo oʻlmasin.
»

Yoʻqqulobodda kim koʻp, omad quyoshi kulib turganlar koʻp. Voyqul ham shularning biri. Omadi kulmasa, yuk mashinasi sotib olardimi? Yoʻqqulobodda omadi bor odamning xoʻrozi ham tuxum qiladi, deyishganday, hosil ham moʻl boʻldi-yu Voyqul bir mashina sara qovun bilan «Qaydasan, Kengqosh!» deb yoʻlga tushdi. Qoʻlida Xotinxoʻjasi yozib bergan otning belidek boʻlmasa ham, dumi qadar uzunlikdagi roʻyxat. Shu roʻyxat boʻyicha Kengqosh bozorlarini ovlashi kerak. Ming turli orzular bilan ketayotuvdi, bir yigitcha ola tayogʻini koʻtarib «Toʻxta!» dedi. Aytmoqchi, bunaqa azamatlarni Maskov tomonlarda ilgari «GAI» deyishardi, Yoʻqqulobodda birov «yoʻllaringdan aylanay, sen salom bergin, alik olmagan – nomard» deydi, yana birovi qisqagina qilib, «VOI». Ola tayogʻidan ham nomi uzayibdi, baraka topgurlarning. Topish-tutishi ham shu nomiga qarab uzaysa mayli-ya! «VOI bola», hujjatlarni tekshirgisi kelib turgan ekan, Voyqul hamma qogʻozlarini berdi. «Aka, hamma hujjatingiz joyida ekan, eson-omon borib keling, Xudo bozoringizni bersin», deyishini kutib, u nodongina: «Yangangiz bilan dehqonchilik qiluvdik, endi mehnatning rohatini koʻradigan boʻlib turibmiz» deb yubormaydimi? «Ie,- dedi «VOI bola»,- hali yangam bilan birga dehqonchilik qildingizmi? Buning hujjati yoʻq-ku?» Voyqul, homkalla, xotini bilan birga dalada ishlagani haqida qogʻoz qilib olmagan ekan. «VOI bola» «bu hujjatsiz sizga shaharga yoʻl yoʻq»,- deb turib oldi. Yaxshiki, Voyqulning kallasi ishlab qoldi. «Bolangdan aylanay, VOI bola, ikkita qovun bersam, oʻsha hujjatning oʻrnini bosadimi?» dedim. «VOI bola» «Nima, men poraxoʻrmanmi!»- deb uni jerkib berdi. Voyqul voy-voylab oʻtirmay, savdoni baribir pishitdi. «VOI bola»ning kitobidagi qoida boʻyicha oʻn donagina qovun poraga kirmas ekan, oʻzi tanlab olib, Voyqulga «oq yoʻl» tiladi. Yoʻlda «VOI bola»lar ham koʻp ekan. Hammasiga ola tayoq yetkazib berganlarga ham qoyil qolish kerak. Hammasi Voyqulni koʻrishi bilan tayogʻini oʻynatib qolsa-ya! Bittasi: «dalada birga ishlaganingiz chin xotiningizmi yo oʻynashingizmi, nega hujjati yoʻq», desa ikkinchisi: «oʻsha ayolingiz xotin jinsidan ekaniga ginekologdan hujjat olishingiz kerak edi»,- deydi. Ammo bularning orasida bittasi ham poraxoʻr emas ekan, shunisi aj-joyib! Voyqul oʻnta-oʻnta qovun bilan ishlarini hujjatlashtirib boraverdi. Kengqoshga yetay deganida mashina tepasiga chiqib qarasam, xuddi atay sanaganday oʻntagina qovun qolibdi. Niyat – xolis-da! Bu qaysi baxti kulganga nasib qilganiykin, deb turuvdi, yana bitta «VOI bola» keldi. Qogʻozlarni oʻqib chiqib: «Hujjatga qaraganda mashina erkak kishiniki ekan», dedi. «Oʻsha erkak - akang qaragʻay boʻladi, akasi jonidan»,- dedi Voyqul. U esa Voyqulga yaxshilab qarab olib: «Bu yerda erkakligingiz haqida hujjat yoʻq-ku?»- dedi. «Erkakligimni koʻrib turibsan-ku?» desa, bola paqir, «Men koʻrib turganimga ishonmayman, hujjatga ishonaman»- dedi. Xullas, qolgan oʻnta qovun evaziga erkakligiga ishontirdi. Qovun ketsa ketsin, obroʻ ketmasin, dedi-da!

Shahargacha kelib, orqaga qaytib ketavermay, deb bir aylangisi keldi. Yaxshi hamki xotini qovun sotilguncha pattachi-mattachiga ishlatib turarsiz, deb picha pul bergan edi. Shahar ichida ham olatayoqlar koʻtarilib turar ekan. Har koʻtarilganda choʻntak qoqilaverdi. Oxiri yutqizgan nochor qimorvoz xotinini tikkanday, Voyqul ham mashinaning bittadan boʻlagini tashlab ketaverdi. Toʻrtta gʻildirakka qanoat qilgan «VOI bola»ning insofi bor ekan, qoq suyagi qolgan mashina «skleti»ni yoʻlovchi «Kamaz»ning kajavasiga ortib berdi. Qovun ortib Kengqoshga kelayotganida qadrdon boʻlib qolgan «VOI bola»lar qaytishini intiq kutib turishgan ekan, Voyqul ularni ham quruq qoʻymadi. Qishloqqa kiraverishda yelkasida bitta toʻn-u, qoʻlida mashinaning kalitigina qolgan edi. Oxirgi «VOI bola», otasiga rahmat, kalitni olmadi, «sizga bizdan esdalik boʻlsin», dedi ammo toʻnini oldi. «Eskiroq boʻlsa ham sizniki tabarruk, itimning tagiga solaman»,- dedi.

Voyqul «Sarguzashtlarimga uydagilar ishonishmas», deb xavotirlangandi, yoʻq, kalitni dalil qilgach, xotini darrov ishondi. Ammo hech kim ranjimadi. Yoʻqqulobodda tugʻilib-oʻsmagan Afanda bitta taqa topib olib, «yana toʻrtta taqa topilsa, tepasiga bittagina eshak topsam bas», degan ekan. Voyqulda kalit bor, toʻrtta gʻildirag-u, bitta motor, yana kuzov deganlariday... topish qiyin ekanmi? Lekin keyingi yil Borqandga borishni moʻljal qilib qoʻydi. Oʻylab qarasa, shu shaharni koʻrmagan ekan. Tijorat boʻlmasa ziyorat, deganlar, a, labbay?

Biz bu bayonni yozib oʻtirganimizda Voyqul shoshib turgan edi. «Qayoqqa ketyapti?» deysizmi? Xotinining qaynonasiga qiz ekani, oʻzining esa qaynonasining kuyovi ekani haqida hujjat olib qoʻyishi kerak. Yana kim biladi, yoʻl uzoq...