OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tohir Malik. Zilzila (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Malik
Asar nomiZilzila (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Malik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm47KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zilzila (hikoya)
Tohir Malik

Osmon tuni bilan odamlarning qaygʻu-hasratlarini tinglay-tinglay, oʻksib-oʻksib, yulduzlarini koʻz yoshi misol duv toʻkib ado qildi-yu, rangi boʻzara boshladi. «Quyosh chiqquniga qadar bu shoʻrliklarning ahvoli ne kechar ekan, koʻrib olay», degan maqsadda birgina yulduzini qoldirdi.

Yigitalining koʻzi shu yulduzda. Yonida ikki oʻgʻli, supaning u chetida xotini uxlab yotibdi. Hozir ular ham uygʻonishadi. Xotini bilan kichik oʻgʻli boshoq tergani joʻnaydi. Kattasi bugun hosilotnikida ishlashga buyurilgan. O'zi esa quruq toʻrvani yelkasiga osib, yogʻoch oyogʻini doʻqillatganicha podani haydab ketadi. To qorongʻigacha hovli yelkasidagi toʻrvasi kabi boʻm-boʻsh, huvillab turadi.

Gospitalda oyogʻini kesgan doktor unga «yogʻoch oyoqda koʻp yurma», deb tayinlagan. Qishloqqa qaytgach podachilik qilishini bilganida bunday demasmidi... Hozir kim yonboshlaydi - hamma oyoqda. Yaxshiki, tun bor - oyoqlarni uzatib yotish mumkin. Boʻlmasa, odamning beli koʻrpacha iskamay, oyoq oyoq boʻlganiga pushaymon yeb yurarmidi.

Yigitali kesilgan oyogʻining zirqirab ogʻrishidan uygʻonib ketdimi yo koʻrgan tushidan choʻchib uyqusi buzildimi, aniq bilolmadi. Yarimta oyogʻini ehtiyotlab silab, bu tun koʻrgan tushini esladi: zambarda uch bolaning murdasi emish. Uchchovi ochlikdan tarashadek qotgan - quruq suyakning oʻzi. Murdalarning tepasida Ramazon - urushda bir ushoqni boʻlishib yegan qadrdoni. Yigitaliga hoʻmrayib qarab turganmish. «Bolalarimdan xabar olmading, ana endi ularni oʻz yonimga chaqirib oldim», dermish. «Sen... sen... xalok boʻlibmiding?» deb ajablanarmish Yigitali. Ramazon esa javob bermasmish. Ana shunda... zambardagi bolalar irgʻib oʻrinlaridan turishib uni quchoqlashib olishganmish. Ramazon esa ulardan uzoqlashayotganmish. Yigitali doʻstini toʻxtatmoqchi boʻlarmishu, ammo yurolmasmish...

Koʻrgan tushi - shu. Zambardagi uch bolaning oʻligini kecha oʻngida, poda qaytayotganda koʻrgan edi. Ikki ayol, bir erkak zambardagi uch jasadni qabristonga eltishayotgan edi. Erkak - Qambar choʻloqqa qishloq ahli goʻrkovlik vazifasini yuklagan. Lahad kavlashni bilmayman, deb rad etmoqchi boʻlganida bu bahonasi oʻtmagan. Hozir qoidasini keltirib goʻr qaziydigan, murdani yuvib, kafanlaydigan zamon emas. Yuvishga-ku, yuviladi, biroq, qoʻlga ilingan mato bilan kafanlanib, keyin tuprokqa topshirilsa bas. Yuziga tuproq tushmasa, erta-indin sayoq itlar kavlab yeb ketmasa boʻlgani. Choʻloqligi inobatga olinmasa qishloqda toʻrt muchasi sogʻ erkak - shu Qambar. Rais hisobga kirmaydi. U odam emas, u - rais! O'zining qarichi bilan oʻlchansa gunohkor bandalardan yuqori turadi. Mulki Fir'avnnikiday boʻlmasa-da, u ham oʻzini shu yerning xudosiday his qiladi. Faqat unga sigʻinib, namoz oʻqilmaydi. Boshqa jihatlari Fir'avnning oʻzi: aytgani - aytgan, degani - degan! Odamlar Xudodan qoʻrqishmaydi, Xudo rahmdil, shafqatli, gunohimizni kechar yoki koʻrsa ham koʻrmaganga olar, deb marhamatidan umid qilishadi. Ammo raisdan umid yoʻq: kechirmaydi, ayamaydi. Uning boshqa erkaklarga qoʻshilib urushga joʻnamagani sababini hech kim bilmaydi. Ehtimol Xudo «shu qishloqdagi bandalarimni ezib, qoniga tashna qilib yuborasan», degan vazifa yuklab olib qolgandir. Agar chindan shunday boʻlsa birov unga: «Hoy inson bolasi, qishloqda erkak zotini koʻrib turibsan, ellik yetti arslon urushga ketib ikkitasigina qaytdi. Shularning bittasi oyoqsiz, bittasi esa koʻr. Xotinlar goʻrkovlik qilsa uyat-ku! Qambar choʻloqqa yordam ber, yo gʻassollik qil», deb koʻrsin-chi!?

Xullas, avval goʻrkovlikni, keyin esa gʻassollikni ham boʻyniga olishga majbur boʻlgan Qambar choʻloq kecha oqshomda ketmonini yelkaga tashlab, zambarning oldida shox tashlab kelardi. Ikki ayol orqada - ikki yon tutqichdan tutgan. Qambar choʻloq qadam tashlaganda zambar dam u yon-dam bu yon qiyshayaverib, ayollarni ancha urintirib qoʻygan.

Yigitalini koʻrgach, zambarni yerga qoʻyishdi.Ayollar muk tushib oʻtirib, nafas rostlashdi. Qambar choʻloq Yigitaliga yaqinlashdi:
—Boshoq terayotgan yerimdan chaqirib kelishdi. Uchchovining baravariga jon berganini qara,-dedi u, Yigitali bilan omonlashgach.
—Kimning bolalari bular?

Yigitali janggohda oʻlimlarni koʻraverib diydasi qotib ketgan. Lekin zambarda qator yotgan, ustiga eski latta tashlangan bolalarni koʻrib, xoʻrligi keldi, tomogʻiga nimadir tiqildi. Urush payti oʻlsa mayli edi, bomba tagida qolib oʻlsa mayli edi, qurshovda qolib oʻlsa ham mayli edi. Endi-chi? Urush tugaganiga bir yil boʻldi. Bolalarning ochdan oʻlishiga qanday chidash mumkin?

Urush tugaganiga bir yil boʻldi... Bagʻrini qorga berib yotganida, olovga kirganida... gʻalabadan keyingi kunlarni shunday tasavvur qilarmidi? Ochlik, qashshoqlik - urush daraxtining achchiq mevalari. Demak, daraxt hali qurigani yoʻq. Hali bu mevalardan koʻp-koʻp totib koʻrishadi...
—Bittasi Zebiniki, anavi - yamoq roʻmollisi, Sotvoldining xotini, sendan bir hafta oldin ketgan edi, esingdami? Qani, nosdan ol-chi... Eridan yodgor edi bola bechora. Asray olmadi-da...-Qambarali choʻloq Yigitali uzatgan nosdan otib, kaftini qoqdi.-Bittasi Halimaniki, Eshqoʻzining xotini. Qishloqda birinchi qoraxat shu xotinga kelgan edi. Bu ikkinchi bolasini Egamga topshirishi.
—Uchinchisi kimniki?
—Zarifa shaddodniki. Shodivoyning xotini,-Qambar choʻloq «Yigitali toʻrt yil urushda yurib hammani unutvorgan», deb bilarmidi, har holda birov haqida gapirsa batafsil izoh berishni siraqoʻymasdi.
—O'zi qani?
—Isitmada alahsirab yotibdi. Bolasining oʻlganini bilmay ham qoldi,-ogʻzi tupukka toʻlib gapirishga qiynalgani uchun Qambar choʻloq nosni tupurdi-da, boʻyniga tashlab olgan chorsining uchi bilan labini artdi.-Azob boʻlganda bolalarga azob boʻldi. Uvol ketishyapti bechoralar. Dunyoga kelib azobdan boshqa narsani koʻrishmadi. O'liklari tozaroq kafan koʻrsa ham mayli edi, shunisiga kuyaman.
—Shunchalik och ekan, aytishsa boʻlmasmidi?
—Kimga? Raisgami? Voy, undan koʻra Egamdan iymon, soʻra, beradi. Aslida sen rais boʻlishing kerak. «Kommunizm»ga yangi rais saylashibdi. Urushdan kelgan Voisovni eshitganmisan? Bittagina medali bor ekan. Sening ikkita ordening bor, sen rais boʻlishing kerak. Bu bitta mening gapim emas, odamlar shunaqa deyishyapti.
—Yoʻq yerdagi gʻalvani kavlamalaring. Menga «rais boʻlasan», deb orden berishibdimi? Urushdagi xizmat urushda qolib ketdi. Raislik mening qoʻlimdan kelmaydi. Undan koʻra hamma yigʻilib raisdan soʻrasin, ikki kungina boʻlsa ham boshoqni oʻzimizga teraylik.

Qambar choʻloq bu gapni eshitib, bosh chayqadi.
—Bilmadim-ov... kecha adirga chiqib Guljahonni qamchiladi. Bolasi uch kun ketma-ket «baraka» boshoq topgan ekan. «Sen brigadirligingni pesh qilib boshqalar topgan «baraka»ni ham bolangga yozdirgansan», deydi nodon. O'rtaga tushsak ham koʻnmaydi, dayusning bolasi. Insofi yoʻqlar ham bor-da, qaysi bir qorakuyaning koʻziga Guljahon boyib ketganday, toʻyib ketganday koʻringanu raisga chaqqan. Bechora degin, shunaqa igʻvo boʻlishini koʻngli sezib, bolasi topgan «baraka» uchun bitta ham boshoq olmagan ekan. Sen shu raisdan insof kutyapsanmi... Ke, qoʻy uni... Mollaring bu yogʻiga uyini topib ketadi, sen menga qarashib yubor. Qosh qorayyapti, ikki choʻloq bir boʻlib koʻmib kelaylik. O'zimga qolsa uchchovini bir goʻrga koʻmamanmi, deb turuvdim, aqalli oʻlganda yayrabroqyotishsin, yur.

Poda qishloq yoʻlida ohista ketmoqda edi. Bu yogʻi havotirsiz. Qambar choʻloq aytganiday har biri oʻz goʻshasini topib boradi. Yigitali tayogʻini Zebiga berib, oʻzi zambarning orqasiga oʻtdi.

Xotinlar jim borishardi. Yigʻlashga ularda mador, koʻzlarida yosh yoʻq edi. Urush payti aza ochaverib, azadorga qoʻshilib yigʻlayverib koʻz yoshlari qurib ketgan. Ularning jimligi Yigitalini battar azobga soldi. Yigʻlashganda edi, faryod urishganda edi, bu bolalarning, bu begunohlarning oʻlimi Yigitali qalbini bunchalik tirnamas, bunchalar poralamasmidi...

Kecha oʻngida koʻrgani - bugun tushiga kirdi. Ikki yil badalida suyangan birodari Ramazonning bolalari boʻlib koʻrindi.

Yigitali tongga bandi boʻlayotgan osmondagi tanho yulduzga tikilganicha ancha yotdi. Oyogʻining zirqirashi sal bosildi. Shu yaqin oʻrtada ot pishqirdi. Soʻng tuyoq ovozi eshitildi. Yigitali tirsagiga tayanib qaddini koʻtardi. «Kim boʻldi bu?» degan xayolda koʻcha tomon tikildi.
—G'aflat bosib yotibsanlarmi!

«Rais-ku! Uyidan chayon chiqdimi bu dayusning, kallai saharlab izgʻib qolibdi?»

Yigitali shu xayol bilan oʻrnidan turdi. O'gʻli tol navdasidan yasab bergan qoʻltiq hassaga suyanib, otliq tomon hakkalab yurib bordi.
—G'aflating nimasi, rais, hali tong otgani yoʻq.
—»Kommunizm»da yangi rais saylanibdi, eshitdingmi?
—Eshitdim...-Yigitali oʻzicha «Gap bu yoqda ekan-ku?» deb kulimsirab koʻydi. Qoʻshni qishloqdagi jangchining rais boʻlganini Qambar choʻloqdan avval ham boshqalar aytib yurishgan edi. Gap aylana-aylana bu raisning qulogʻiga oʻzgacha tarzda yetganga oʻxshaydi.
—Rais boʻlging kelibqoldimi?
—Shu xayol uyqungni buzibdi-da, a? Amal iloni toʻshagingda toʻlgʻonib tinchlik bermadimi? Chakki bezovta boʻlibsan. Raisliging oʻzingga buyursin. Men tuya emasmanki, hammomni orzu qilsam. Tirikchiligim shu «oshi halol» bilan oʻtib tursa, bas. Bunaqa gaplaring bilan oʻzingni ham qiynama, mening ham qatigʻimni achitma. Bor, bola, yoʻlingdan qolma.

Yigitali atayin «bola» dedi. Rais undan toʻrt-besh yosh kichik boʻlsa ham gerdayib, sensirardi. Yigitaliga bu malol kelsa-da, ochiq aytishga mulohaza qilardi. Hozir, oʻrni kelganda, yoshini pesh qilib qoʻydi. Bundan oʻzi huzur qildi. Tabiiyki, bu balandparvozlik raisga botmadi. Yigitalida raislikka da’vo yoʻqligiga ishonsa ham, uni bir oz ezib qoʻygisi keldi.
—Hammomni orzu qilmaydigan tuya tuyakashning ishiga aralashmasligi kerak. Koʻlingdan kelsa, kolxozni ol, tebrat beshigini. Odamlaring bir kun davlatga, olti kun oʻziga tersin boshoqni. Hotamitoy Yigitalining davrida davronlarini sursin! Zolim Safarqulning davrida ezilib adoyi tamom boʻlgan edi. Olaqol raislikni!
—Sen menga piching qilaverma, bola! Rais boʻlsang - oʻzingga! Sendan qoʻrqadigan joyim yoʻq. Olsang - shu tayoqni olarsan. Odamga oʻxshab gaplashadigan boʻlsang, egardan tushib gaplash. Otda turib sasiydigan boʻlsang - yoʻlingdan qolma. Omma, bola, oldi-ketingga qarab ish tut, xalqning qargʻishiga uchraysan. Odamlar ikki kungina oʻziga boshoq tersa xirmoningga oʻt ketmaydi.
—Hoʻ, akajon, bu boshoklar meniki emas, davlatniki. O'rtoq Stalinga topshiraman bu donlarni. Bildingizmi, oʻrtoq Sta-lin-ga! Yo siz oʻrtoq Stalinga don berishimizga qarshimisiz?
—Bola deyman, sen gapni boshqa tomonga burma. Biz oʻrtoq Stalinga dongina emas, jon ham berganmiz. O'sha jon berganlarning yetimlariga endi non kerak. Hech boʻlmasa ularning yodgorlarini saqlab qolish kerak. Sen oʻrtoq Stalinning nomlarini pesh qilaverma. Sen avval oʻz xalqingni boq. Ular sening ertangi kuningga yaraydi. Bu yerlardan ertaga ham don olishing kerakmi? Kim ekadi, kim oʻradi, kim yanchadi? Sillasi qurigan ayollarmi? Eti ustixoniga yopishgan bolalarmi?
—Tillaring burro. Sen urushda miltiq otganmisan yo gapga oʻqiganmisan? Boshing toʻla gʻij-gʻij aqlmi deyman, a?
—Rais, yoʻlingdan qolma. Xuddi enangni Uchqoʻrgʻonning qayiqisidan koʻrsatib koʻymayin.
—O'h-hoʻ, doʻq ham qiladilarmi hali! O'pkangni bos. Urushga borganman, deb kerilaverma. Sen urushga borgan boʻlsang, bu yerdagilar qayish uqalagani yoʻq. Biz senlarni boqdik, biz senlarni kiyintirdik. Och-yalangʻoch holing bilan qoʻllaringdan nima kelardi? O'lsang, bir oʻq bilan oʻlarding-ketarding. Biz toʻrt yil har kuni bir oʻlib-bir tirilganmiz. Bizda ham til-zabon bor, gapirsak arziydi.
—Til-zaboning bor, bilaman. Ammo sen oʻzingni kunda bir oʻlib, bir tirilganlar qatoriga qoʻshma, bola. Bizni kimlar boqib, kimlar kiyintirganini bilamiz. Ular oyoqqa xirom etik, egniga galife shimu kitel kiyib otda gerdayib oʻtirmaydilar.Kunda bir oʻlib, biri tiriladiganlar ana, adirda chang yutib, qon tupuryaptilar. Etlari qichishsa, sen qamchining bilan qashib turibsan. Agar sen bir oʻlsang eding, bu kunlarni boshqa koʻrmay deb, tirilmay koʻya qolarding. Qara-ya, toʻrt yil pisib yurishingga fatvo ham topibsan-da, he, hezalak!!

Jahl qoni koʻpirib-toshgan Yigitali shunday deb, ot sagʻrisiga koʻltiqtayogʻi bilan urib qoldi. Tayoq qars etib sindi, ot qattiq kishnab, sapchidi. Yigitali muvozanatni saqlay olmay, yonboshiga gup etib yiqildi. Rais bexos sapchigan ot ustidan uchib tushay dedi-yu, biroq oʻzini oʻnglab olib, jilovni qattiq tortdi. Ot yana bir qattiq kishnab, toʻxtadi.
—Koʻramiz, kim kimning enasini koʻrsatarkin!-rais shunday deb otni Yigitali tomon burdi.

Uygʻonib, erkaklarning gapiga xavotir bilan quloq solib, ularga oʻgʻrincha qarab yotgan Oynisa irgʻib oʻrnidan turdi-yu:
—Voy-dod! Erimni oʻldirib qoʻyasiz!-deb baqirdi.

Bu ovozdan ikki oʻgʻil ham sapchib turdi.
—Ota, otajon!-deb baqirdi, hali uyqusi oʻchmagan kichik oʻgʻli. Kattasi esa bir-ikki sakrashda onasidan ilgariroq borib, otning yoʻlini toʻsdi.
—Qoʻrqma, ering oʻladigan anoyilardan emas,-dedi rais gʻijinib.-Eringga aytib qoʻy: sen oqibatsizlarga qarindoshlik qilmaganimda hammalaring yotardilaring... yotadigan joylaringda... he, senga gap oʻrgatganni...

Rais soʻkina-soʻkina otni burib, nari ketdi.

«Darvoqe, bu xunasa Oynisaga qarindosh boʻlguvchiydi-ya», deb oʻyladi Yigitali, oʻgʻliga suyanib oʻrnidan turar ekan.
—Nima boʻldi, dadasi, nimaga kelibdi?-deb soʻradi Oynisa, xuddi hech nima bilmaganday, hech gap eshitmaganday.
—Boshoq tergani vaqtliroq chiqlaring, deb kelibdi mehribon qarindoshing...

Yigitali shunday deb gapni qisqa qilib qoʻya qoldi. Oynisa «Voy shoʻrim!» deb lab tishladi-yu, supadagi oʻrinni yigʻishtira boshladi. Keyin sigir sogʻdi. Keyin bir kosadan sut ichishdi. Bitta zogʻora nonni toʻrtga boʻlib yeyishdi - nonushtalari shu boʻldi. Oynisa eng kichik boʻlakni oʻziga olgani uchun eri unga norozi qiyofada xoʻmrayib qarab qoʻydi.
—Noningdan yana bormi?-dedi Yigitali qovogʻini ochmay.
—Bor...-dedi Oynisa, aybdor odamning ovozi bilan.
—Zarifanikiga kirib chiq, xasta emish.
—Kecha oqshom kirganman.
—Bugunham kir.
—Xoʻp...

Oynisa erining avzoyi buzuqligiga rais bilan boʻlgan mojaro sabab, deb oʻyladi. Bir tomondan u haq - toʻpalon hovuri hali koʻtarilmagan edi. Lekin boshqa tomondan Yigitali tong yulduziga qarab yotgandagi xayolini, qarorini xotiniga aytsammi-aytmasammi, deb qiynalayotgandi. Aytish-ku, qiyin emas, ammo Oynisa xotinligiga borib, «yoʻq, qoʻying», deb qolsa, Yigitalining qoni qaynab ketishi mumkin. U-bu deb yuborsa, koʻngilxiralik... U mana shundan bezovta.
—Qancha uning bor, biror tandir chiqadimi?- deb soʻradi Yigitali.
—Chiqibqolar...
—Nazirobodga borib kelmasam boʻlmaydi.
—Maylingiz... Kuzda bormoqchi edingiz-ku?

Oynisaning bunday osongina koʻnishi Yigitali yelkasidagi togʻni qulatdi.
—Tushimga kiryapti,-dedi u chuqur xoʻrsinib.
—Kim, oʻrtogʻingizmi?
—Bugun bolalarining oʻligi ustida turganmish.
—Tushda oʻlik koʻrsangiz, oʻngda tirik koʻrasiz.
—Sen tushimni yoʻyib, menga akl oʻrgatmaginu aytganimni qilaver.
—Maylingiz, dadasi...

Shu bilan gap tamom. Qaysi xotin eriga aql oʻrgatib baraka topibdiki, Oynisa topsin. Yigitali yogʻoch oyogʻini kiydi. Xotini uzatgan chorakta nonni katta oʻgʻlining xaltasiga soldi:
—Bugun loyda ishlaysan. Qorinni toʻqlamasang, loy chaqadi,-dedi.

Oynisa kenjasi bilan Zarifanikiga, undan adirga ketdi. Kattasi hosilotnikiga. Yigitali esa yogʻoch oyogʻini sudrab, koʻchaga chiqdi. Xuddi uni kutib turganday xonadonlardan jonivorlar ma’rab chiqa boshladi.

Yigitali Zebi yashaydigan uyga qaramay oʻtib, oriq sigirni haydab chiqqan ayol qarshisida toʻxtadi. Uning salomiga alik oldi-yu, koʻzini yerga tikib:
—Bugun gal sizniki,-dedi past ovozda.

Ayol tushunmaganday Zebinikiga qarab qoʻydi. Keyin qoʻshni uydagi fojia xayolini yoritib oʻtdi-yu, shoshilib bosh irgʻadi-da:
—Voy esim qursin, ha-ya, toʻgʻri, meniki, meniki...-dedi.
—Agar boʻlmasa... oʻzingizni qiynamang.
—Unaqa demang, keling, kelavering...

Yigitali indamay nari ketdi.

Uning odati shu: hech mahal «oshi halol!» deb baqirmaydi. Podachilik qilgani uchun bersalar oladi- bermasalar yoʻq. Ba’zan xaltasi quruq qaytadi. Ba’zan bir necha siqim un, besh-oʻn qurut yoki turshak... bilan. Xonadonlar navbatma-navbat ovqat qilib uni siylashadi. Yigitalining vazifasi - navbat kimniki ekanini eslatib turish. Har eslatganda sadaqa soʻraganday eziladi. Avvaliga aytmay, och ham qoldi. Ochlikka chidab ham yurardi, hamqishloqlari aybsitishdi. «Yovgʻon shoʻrvamizni nazarga ilmayapsizmi?» deb pichinglar ham qilishdi. O'shandan beri har kuni eslatadi. Goʻyo sadaqa soʻraganday boʻladi, eziladi. Ammo na iloj!

Poda Yigitalining oyogʻi ogʻriyotganini sezganday, shoshilmasdan yuradi. Hatto shaytontabiat echkilar ham yugurishmaydi. Xuddi egalari tuni bilan boqishganu toʻq qoringa yurish erish tuyulayotganday. Qishloqdan chiqaverishda Yigitali oriq otda oʻtirgan yigitni, orqaga mingashgan qizni koʻrib, toʻxtadi. Yigitning ustida yoʻl-yoʻl beqasam chopon. Juda yangi boʻlmasa ham, har holda urinmagan, yamoq koʻrmagan. Qizning egnida shtapel koʻylak. Yigitali ularni tanimadi. Lekin ust-boshlarining oʻziyoq ularning kimligi, qayoqqa ketishayotganini anglatdi. Yigit - kuyov, qiz - kelin. Ustlaridagi engil oʻzlariniki emas, kolxozniki. Raisning xonasida turuvchi bu toʻn bilan koʻylak kelin-kuyovga faqat bir kungagina berib turiladi. Hozir kelin-kuyov qishloq sovetiga - roʻyxatdan oʻtishga ketishyapti. Demak, bu oqshom - toʻy! Besh-oʻn odam yigʻiladi, dasturxonga ozgina mayiz-turshak qoʻyiladi. Choynakka olmachoy damlanadi. Yigʻib-tergani boʻlsa bir tandir non yopar, chalpak pishirar, shoʻrva yoki mastava bilan siylar. Boʻlmasa - yoʻq. Sen toʻyda non sindirmading, deb kim ham ayb qilardi?

Yigitali kelin-kuyovning maqsadi, borar manzilini bilsa ham, ularning salomlariga alik olgach, koʻngil uchun soʻradi:
—Ha, yigitning guli, yoʻlingiz boʻlsin?
—»Xohladim»ga ketyapmiz...

Kuyovning ovozida baxtiyorlik ohangi bor edi. U kolxozning choponini kiyib uylanayotganiga ham xursand. Xursand boʻlmay-chi?! Gap chopondami? Gap orqada oʻtirib, belidan quchib olgan suluvda! Shtapel koʻylak hammaga sigʻsin, birovga tor kelib qolmasin, deb ataylab kattaroq tikilgani uchun qizning nozik qaddida xuddi ilgichga ilinganday shalvirib turibdi. Bu qiz yarashiqli kiyim kiysa bormi, bu yigit qarab-qarab toʻymasov...

Yigit «xohladim»ga ketyapmiz» degach, qiz xuddi gunohi oshkor boʻlib qolganday uyalib, boshini egib oldi.
—Baxtlaring ochilsin, yigitning guli. Saodatli boʻlgin, qizim!-dedi Yigitali ularni duo qilib.
—Aytganingiz kelsin, togʻa,-dedi yigit mamnunlik bilan.
—Qoʻsha qaringlar, oʻgʻillaringga ham shunaqa sarpolar buyursin.

Yigitali bu niyatni beixtiyor aytib yubordi.
—Ie, togʻa, yaxshi nafas qiling,-dedi yigit.-O'gʻillarimiz oʻzlarining kuyov choponlarini kiyib yurishadi, Xudo xohlasa.

Yigitali yaxshi koʻngilda aytgan gapining zil tomoni ham borligini fahmlab, izza chekdi.
—Inim, men ham shuni aytmoqchiman-da. Siz boʻlakcha tushunibsiz. Bu kunlarni bogʻlab beribdimi. Oldinda dorulzamonlar turibdi. Xudo shoyad sizga beradigan farzandni rizkli-nasibali qilib, yurtimizga ham qut-baraka bersa.
—Shunday kunlarni koʻramiz, deb umid qilib yuribmiz-da, bu dunyoda, togʻa. Omiyn, aytganingiz kelsin,-yigit shunday deb otning qorniga oyogʻi bilan asta nuqib qoʻydi.

«Men taqdirimdan nolimasam ham boʻladi,-deb oʻyladi Yigitali, kelin-kuyov ortidan bir qarab qoʻyib.-Har holda toʻyimda engil-boshim oʻzimniki edi. Dasturxonimga qoʻyarli nonim bor edi. Bu koʻrguliklarimiz oʻtar-ketar. Bolalarimning baxti kuladigan kunlar ham kelar...»

Yigitali podani oʻtgan hafta oʻtlatgan yeriga - soy boʻyiga haydadi. Bu yerlarda koʻkat butunlay qovjiramagan. Nam yerlarda oʻt koʻkarib turibdi. Yigitali chillaning issigʻiga chidamay joni uzilgan oʻtlarga qarab Yevropaning oʻtloqlarini esladi. Shu oʻtloqlar bu yerlarda ham boʻlmaydimi, sigirlar yelini sutga toʻlmaydimi, qoʻchqorlar, buqalar boʻrdoqi boʻlmaydimi...

To quyosh tafti kesilib, poda qaytadigan vaqt boʻlguncha Yigitali birodari Ramazonning xayolida yurdi. U qishlogʻiga qaytganidan beri Nazirobodga uch-toʻrt marta otlandi. Uni to shu paytgacha ikki narsa ushlab turar edi: birinchisi - birodarining uyiga quruq qoʻl bilan kirib borgisi kelmasdi. U shahid ketgan boʻlsa, bolalari zoriqayotgandir, bir tishlamdan boʻlsa ham u-bu olib boray, deb niyat qilardi. Ikkinchisi - Ramazonning tirik yoki oʻlik ekanini aniq bilmasligi. Yaralanib, yiqilganini aniq biladi. Uni doʻzax oʻtidan oʻzi olib chiqdi. Endi nafas rostlayman, deganida sal narida bomba portlagani, oyogʻi jiz etib kuygani ham esida. Qolgani yodida yoʻq. Ramazon qaytmagan boʻlsa, demak snaryad parchasi unga ham tekkan. Buni eshitishsa uyidagilar: «Bomba portlagan ekan, sen nimaga tiriksanu u jon berdi», deb ta’na qilishmaydimi? Yuziga aytishmasa ham, ularning mungli qarashlaridan shu ma’noni uqmaydimi?

Yigitali ba’zan Nazirobodga xat yozmoqchi ham boʻlardi. Lekin «birodarim, tirikmisan?» deb satr bitishga qoʻli bormasdi.

Mana endi, nihoyat, vaqti-soati yetganga oʻxshaydi. Ramazonning bolalariga atab picha un toʻplashdi. Birodari tirik qaytgan boʻlsa u bilan, yoʻqsa, jigarlari bilan koʻrishishning turli yoʻllarini xayolan pishitdi. O'zini shu uchrashuvga ruhan tayyorladi.

Poda tegirmon yaqinidan oʻtayotganida Yigitalining dimogʻiga yoqimli bir is urildi. Och qorinning tatalashiga shu is kifoya boʻldi. «Un tortishibdi-da,-deb oʻyladi Yigitali,-chalpakni kim pishirayotibdi ekan?»

U podani tezlatib oʻtib ketmoqchi edi, bolaning ovozi keldi:
—Yigitali togʻa, toʻxtang ekan...

Yigitali orqasiga oʻgirildi. Tegirmon tomondan doʻng oshib bir bola yugurib kelardi. Qoʻlida chalpak.
—Oling ekan, sizga,- dedi bola hansirab.
—Kimniki bu?- deb soʻradi Yigitali.
—Qambar togʻaniki.
—O'zing yedingmi?
—Hammamiz yedik.- Bola shunday deb qoʻlidagi chalpakka qaradi. Yigitali chalpakni olib, bir uchidan sindirdi-da, unga uzatdi:
—Ol, qorning toʻq boʻlsa ham ol, boʻlmasa...-Yigitali kulimsirab, bolaning burnini chimchiladi,-kinnang kiradi, ol.

Bola «noiloj» chalpakni oldi. Shu ozginagina chalpakni deb yaxshi odamga kinna kirishi durustmas-da...
—Qambar togʻangga ayt, biznikiga kirsin. «Yumushlari bor ekan», de.

Bola «xoʻp» deganicha iziga qaytdi. Toʻrt-besh qadam yurmay, chalpakdan oʻziga tekkan ulushni ogʻziga soldi.

Yigitalining kichigi oyoklari yorilib ketganidan kechalari ingrab chiqayotgan edi. Bugun bir yogʻlamasam boʻlmaydi, deb qaror qilib Qambar choʻloqni shunga ayttirdi. Yelkasidan bosib turilmasa, qatqaloq yerday tilim-tilim boʻlib yorilgan tovonga piyozdogʻ qoʻyganda bola azobga bardosh berolmay toʻlgʻonib, sapchib-sapchib ketishi hech gapmas. Yigitalining oʻzi bu azoblarni xoʻpam tortgan. «Bunaqa oyoqning boridan yoʻgʻi yaxshi», deb dodlagan vaqtlari ham boʻlgan. O'shanda farishtalar «omiyn» deb yuborgan ekanmi, etik kiyib Yevropaning yarmini kezgan oyoqning bittasini tashlab qaytdi. Ba’zan: «Qani edi, bir moʻ‘jiza bilan oyogʻim oʻsib chiqsa. Tovonlarning yorilishiga ham, kunda piyozdogʻ bosishlariga ham rozi edim», deb qoʻyadi. Bolasiga piyozdogʻ bosishganda oʻzining azoblarini eslaydi. Shuning barobarida bu azoblarni oʻtkinchi deb biladi. O'gʻlining bu oyoqlari bejirim poyabzallarni kiyadi, ulugʻ shaharlarda yuradi, deb ishonadi. Faqat... ulugʻ shaharlarda yurganida koʻrgan bu azoblarini yodidan chiqarib yubormasa edi, deb xavotirlanadi. Odamzot yaxshi kunlarga yetsa, koʻrgan-kechirganlarini unutadi ba’zan. Unutdimi, demak, kibrga va nafsning turli balolariga bandi boʻladi-qoladi. Yaxshi kunning qadriga yetish, asrash uchun oʻtgan tashvishli-tahlikali kunlarini esdan chiqarmaslik kerak. Yigitali farzandining shunday ulgʻayishini istaydi.

Qambar choʻloq qosh qorayganda chorsisiga ikkita chalpak oʻrab keldi.
—Bugun un torttirdim,-dedi u, goʻyo poda qaytarda Yigitalini uzoqdan koʻrmaganday, unga chalpak yubortirmaganday.

Olmaqoqi solib damlangan choydan keyin oʻchoqqa oʻt qalandi. Yogʻ qizdirildi,piyoz qizartirib olindi. Soʻng kichik oʻgʻlonning tovonlariga bosildi. O'gʻlonning chinqirigʻi yetti mahallaga yetdi. Bunday chinqiriqlar qishloq uchun yangilik emas, shu sabab hech kim ahamiyat bermadi.

Tongda tandirga oʻt yoqildi. Non yopildi. Non isi taraldi. Bunga yon-atrofdagilar befarq qarashmadi. Yigitalining safarga otlangani xotiniga ma’lum ekan, bas, qishloq bexabar qolarkanmi?

Non isi taralishi bilan gap tarqaldi:
—Baraka topgur, shu holida urushda oʻlgan oʻrtogʻining bolalaridan xabar olib kelarmish.
—Xabar olgisi kelsa, oʻzimizda bechora yetimlar kammi, nonni begona qilmasa ham boʻlardi...

Yigitali gaplardan bexabar, u boʻlajak safarini, aniqrogʻi, Ramazon yoki uning jigarlari bilan uchrashish onlarini oʻylaydi.

Ketar chogʻi Oynisa bir gapi bilan uning koʻnglini ogʻritib qoʻydi:
—Nonning yarmini sotsangiz, oʻsha tomonlardan bolalarga etik-petik olib kelardingiz...

«He, esi yoʻq xotin,-deb oʻyladi Yigitali,- men nima gʻamdayu, sen nima gʻamdasan. Etiksiz kun koʻrsa ham boʻladi. Ammo nonsiz yashash mumkin ekanmi? Yalangoyoq qolishmas bolalar. Xudoga shukr, oʻgʻillarning ikkovi ham shudli yigit boʻlyapti. Bu yoqda men borman. Xor boʻlishmas. Aytganman-ku, senga, Ramazonning bolalari kichkina. Kattasini olti yoshda derdi. Demak, hozir sakkiz yo toʻqqizdadir. Shularni oʻylamay... Ha, mayli, onasan-da, ona(!), oʻz bolangga kuyasan. Men urushda oʻlib ketsamu Ramazon tirik qaytsa, allaqachon seni yoʻqlab kelardi. Sening bunaqa gaplar bilan ishing yoʻq... nodonsanda, nodon...»

Yigitali xayrlashar chogʻi bu gaplarni xotiniga xayolan aytdi.

U tuni bilan poezdda yoʻl yurdi. Tushadigan bekati kichik, poezd atigi uch daqiqagina toʻxtar ekan. Shoshilsa ham arang ulgurdi. Poezddan tushgan uch-toʻrt yoʻlovchi tarqalib, bekatda Yigitalining yolgʻiz oʻzi qoldi. «Odamlar buncha shoshilmasa, Nazirobodga qanday borishni soʻrab olishga ham ulgurmadim-a!» deb gangib turganda kimdir:
—Ha, inim, xayolingiz parishonroqmi?-dedi.

Yigitali ovoz kelgan tomonga qaradi: supurgi dastasiga suyanib turgan qariya undan javob kutayotgan edi.
—Nazirobodga borishim kerak. Qayoqqa borishni bilmay, garangman.
—Nazirobodgami?- Qariya uning yogʻoch oyogʻiga qarab bosh chayqadi.-Bu holda yetib borolmassiz-ov. Yoʻl yiroq. Picha kuting, bitta-yarim arava kelib qolar.

Yigitali «ilojim qancha» deganday yelkasidagi xaltani qoʻliga olib, bir qavatli koʻkimtir bino devoriga taqab oʻrnatilgan oʻrindiq sari yurdi.
—Nazirobodda kimingiz bor, qarindoshingizmi?-deb soʻradi qariya unga ergashib.
—Birodarim...
—Birodarim? Kim ekan u, balki tanirman? Nazirobodliklar koʻp kelib turishadi bu yerga.
—Ramazon deganni taniysizmi? Qirq uchinchi yilning oʻrtalarida urushga ketgan.
—Ramazonmi?-Qariya oʻylandi.- Doʻkonchi emasmi?
—Urushdan oldin kolxozda hisobchi ekan. Urushdan qaytdimi yo yoʻqmi, bilmayman.
—Toʻrt chaqirim yurilsa, Qizilkoʻprik degan shaharcha keladi. O'sha yerdagi non doʻkonda nazirobodlik odam ishlarkan. Otini «Ramazon» degandek boʻlishuvdi.
—Uni oʻzingiz koʻrganmisiz, past boʻyli, burni yapaloqroq.

Qariya uni koʻrmagan edi, boshqa tayinli gap aytmadi. Qizilkoʻprikka olib boruvchi yoʻlni koʻrsatibkoʻydi.

Shagʻal toʻkilgan oʻydim-chuqur yoʻldan yurish it azobini bersa-da, Yigitali chidadi. U bir narsadan xursand: birodari tirik! Bekatdagi sersoqol gapni mujmal qilgani bilan Yigitali Qizilkoʻprikdagi doʻkonchining aynan birodari Ramazon ekaniga ishonardi. Yuragi shunday xitob qilardi: «Bu oʻsha - doʻsting Ramazon! U tirik! Sen uni jangda oʻlim qoʻlidan yulib olgan eding. Endi u seni kutyapti. Shoshil! Bu yoʻl nima ekan, bundan battarlarida yurgansan. Qani, yur... tezroq yur!»

Yigitali endi doʻsti bilan uchrashadigan baxtiyor daqiqalarni koʻz oldiga keltirdi. Uyida ekanida, bu tomonlarga talpingan kezlarida bu uchrashuvlarni ming xil koʻrinishda tasavvur etardi. Hozir ularning barchasi oʻrniga yangisi xayoliga keldi:

...doʻsti uni koʻra solib, quchoq ochib yuguradi...

«Jon joʻrajon, bor ekansan-ku, yoʻlingga koʻz tikaverib, koʻzlarim oqib tushayozdi,-deydi-da, mahkam quchoqlab oladi.-Jon joʻrajon, oyoqni tashlab kelibsan-da, a? Tirikligingni bilar edim. Yuragim sezar edi. Qanot chiqarib uchgim kelardi. Ammo iloj qila olmadim, jon joʻrajon. Noshukr birodaringdan xafa boʻlma».

«Qoʻy bu gaplarni,-deydi Yigitali.-Zamonni koʻrib turibman. O'lmabsan, shuning oʻzi men uchun katta baxt. Diydor qiyomatga qolsa nima qilardik? Bundan buyon bordi-keldi qilmasak boʻlmaydi. Xudo jonimizni bekorga qaytarib bergan deysanmi? Bolalarini voyaga yetkazib, baxtini koʻrishsin, keyin ikki birodar davru davronini sursin, deb bu dunyoda qoldirgan. Armonda ketganlarning sonu sanogʻi yoʻq-ku...»

Shirin xayollar yoʻl azobini butunlay chetga sura olmas ekan. Yigitali yogʻoch oyogʻini koʻtarib bosishga bezillab qoldi. Yelkasidagi xalta ogʻirlik qila boshladi. «Tavba, non ham ogʻirlik qilar ekan-a,-deb qoʻydi oʻzicha Yigitali.-Toʻrt chaqirim devdi, koʻproq yoʻl bosdim shekilli? Shaharchasining qorasi koʻrinay demaydi-ku?»

Yigitali yakka qayragʻochga yetgach, xaltani yerga qoʻydi. Bir koʻngli dam olmay yuravergisi bor. Ammo oyoq zirillab: «Toʻxtamasang bir azob berayki, onangdan tugʻilganingga pushaymonlar yegin», deb ogohlantiryapti. U oyoqlarini uzatib oʻtirib olib, yogʻochoyoqni yechdi. Shuni kutib turganday shabada esib, bir rohatlandi, bir yayradi. Yarimta oyogʻi orom olgach, yana roʻdapo yogʻochni kiyib, oʻrnidan turdi.

Shaharchaga yetib borgach, non doʻkonni topishi qiyin boʻlmadi. Oqlangan devoriga koʻmir bilan «Xlib» deb yozib koʻyilgan koʻrimsizgina pastak bino oldida yigirmaga yaqin odam navbat kutib turibdi. Yigitali doʻkonga yaqinlasha turib Ramazonni koʻrdi! Ammo unga, talpinganiga daf'atan roʻpara boʻla olmadi. Ramazon bu onda jahl bilan qattiq-qattiq gapirardi. Yigitali doʻkonga yon tomondan yaqinlashib, Ramazonga roʻpara turgan kampirni koʻrdi. Kampirning yonoklari boʻrtib chiqqan, roʻmoli sirgʻalib, yelkasiga tushgan. Qogʻoz tutgan titroq qoʻlini Ramazonga uzatgan holda yalinardi:
—O'zim och qolsam ham mayliga. Bolamning yodgorlari tuz totmay oʻtirishibdi. Baraka toping, iloyim bolalaringizning rohatini koʻring.

Kampir gapini oxiriga yetkaza olmadi. Ramazon unga qarab yana baqirdi:
—Yoʻq dedim-ku! Buvamnikini kesib beramanmi sizga! Non kerak odam vaqtliroq turmaydimi!
—Voy, baraka topgur, kecha xuftonda kelib shu yerda tunaganman. Nonning kelishini kutib kuni bilan navbatda turdim-a...
—Boʻldi, boʻldi, qonimga tashna qilib yubordingiz.

Ramazon shunday deb deraza qopqogʻini sal koʻtardi-da, tirgovichni oldi. Navbatda turganlar kampirni chetga tortib qolishmaganda ogʻir derazaqopqoq uning boshini majaqlashi mumkin edi. Kampir doʻkon ochilib, doʻkondor: «Keling, ona, men hazillashdim, siz uchun topiladi non», deb qolarmikin, degan ilinjda derazaqopqoqqa ancha vaqt umid bilan tikilib turdi. Navbati yetmaganlar, umidlari sinib, asta tarqala boshlashdi. Kimdir taqdiridan nolidi. Kimdir doʻkondorni qargʻadi. Kampir non olish huquqini beruvchi qogʻozlariga mung bilan tikilib turdi-da, ularni kamzuli choʻntagiga solib, doʻkondan asta uzoklashdi. Besh-oʻn qadam yurib, yana ilinj bilan orqasiga oʻgirilib qaradi. Chorasiz kampirning bir-ikki qadam bosishidan Yigitalining nazarida zamin zirillardi. O'gʻlining (balki oʻgʻillarining) hajrida kuyib, adoyi tamom boʻlgan bu ona non deb chinqirib turgan nabirasining (balki nabiralarining) oldiga nima deb kirib boradi? Boshini qaysi toshga ursin bu ona!

Kampirning ogʻir qadamiga yer chidolmadi - titray boshladi. Yigitalining nazarida shunday boʻldi. U ahyon-ahyonda uygʻonib, shaharu qishloqlarni vayron qiluvchi zilzilalarning sababini bilmaydi. Bu haqda oʻylab ham koʻrmagan. Biroq, hozir yer titraganday tuyulganida buning sababini topganday boʻldi: odamlarning bemehrliklariga chidolmagan onda yer asabiylashib, «dod!» deb titrasa kerak!

Yigitali bu yerga nima uchun kelganini unutdi. Kampirning orqasidan bir oz qarab turdi-da, tez-tez yurib, unga yetib oldi.
—Onaxon, toʻxtang.

Kampir behos eshitilgan ovozdan choʻchib, oʻgirildi.
—Menga aytyapsizmi?-dedi havotirlanib.

Yigitali «ha» ishorasini qilib, xaltaning ogʻzini ochdi-da, ikkita non olib, kampirga uzatdi.
—Onaxon, oling, bollarga berasiz.
—Mengami?- Kampirning hayrati battar oshdi.-Bunga pulim yetmaydi, almashadigan tuzuk-quruqnarsamham yoʻq.
—Bepul olavering.
—Bepul?

Kampirning taraddudi, ishonchsizligi Yigitalining achchigʻini qoʻzgʻota boshladi. Endi u maqsadini qanday tushuntirsin? «Hamma narsani pulga chaqavermang. Bu dunyoda hali odamgarchilik degan fazilat bor, diyonat bor, insof, vijdon... Agar bular qirilib bitgan boʻlsa, qiyomat boshlanibdi-da», desinmi? Be, bularni tushuntirgunicha... ikkita non deb ikki soat laqillashi kerakmi?
—Oling, boʻlmasa aynib qolaman,-dedi Yigitali yolgʻon poʻpisa bilan.

Kampir ishonib-ishonmay nonga qoʻl uzatdi. «Nahot bu yorugʻ dunyoda shunday odamlar qolgan boʻlsa? Yo bu odam emas, farishtamikin? Mening nolalarimni eshitib, Xudoyim osmoni falakdan tushirdimikin? E, yoʻq, nolalarga tushadigan boʻlsa, kunda osmondan ming-ming farishta yogʻishi kerak. Bu odam - yaxshi odam...»
—Mayli, olaman, ammo... siz shu yerda tura turing. Bekorga olib ketaversam... sadaqa boʻladi. Men gado emasman. Shu yerda turib turasizmi?

Yigitali baqirib yubormaslik uchun xoʻrsindi: «Odamlarga ham yaxshilik qil, ham nima uchun yaxshilik qilganingni obdon tushuntir».
—Xoʻp, anavi doʻkonda boʻlaman,-dedi u gʻoʻngʻillab.

Kampir endi ancha ildam, ancha dadil qadam tashlardi.

Yigitali doʻkonga qaytib, derazaqopqoqni taqillatdi. Ichkaridan: «non yoʻq, tamom!» degan ovoz keldi. Yigitali yana taqillatdi. «Menga ham tinchlik kerak, insof bormi oʻzi sizlarda!» deganhayqiriqeshitildi.
—Ramazon!-deb chaqirdi Yigitali.
—Ha, Ramazonman. Lekin non yoʻq, tamom!

Yigitalining achchigʻi chiqdi. U bunday uchrashuvni sira kutmagan edi. Agar biron-bir folbin unga yoʻliqib: «Birodaring bilan shu tarzda uchrashasan», desa shart tilini sugʻurishga tayyor boʻlardi. Nima qilsin, umid degani qoʻlga qoʻnaveradigan qush emas ekan.

Yigitali yana taqillatganidan keyin derazaqopqoq asta koʻtarildi.
—Kimsan?
—Yigitaliman...
—Yana qaysi Yigitali?-Ramazon shunday deb boshini chiqarib uni koʻrdi-yu:-Yigitali?! Yopiray, rostdanmi, oʻzingmisan?!-deb tezgina qopqoqni yopdi. Dam oʻtmay doʻkonning yon tomonidagi pastak eshik ochildi. Ramazon chiqib, hali jahldan tushmagan Yigitalini quchoqlab oldi. Yigitali uchrashuv umidida oʻy surganida birodarining shunday quchoqlashini tasavvur qilardi. Lekin bu holat ayni damda unga huzur bahsh etmadi.
—Obbo sen-ey, obbo, joʻrajon-ey! Qaysi shamol uchirdi, a? Ie, oyoq qani? Tashlab keldingmi? Chatoq boʻlibdi. Qani, yur, ichkari kiraylik, keyin uyga oʻtamiz.

Ramazon tinmay gapirib, uni doʻkon ichiga boshladi.
—Shu yerda rizqimni terib yuribman. Bola-chaqa Nazirobodda. Bu yerda ham bittasi bilan nikohdan oʻtib qoʻyganman. Nazirobodga rais boʻlasanmi, deyishdi. Hozir rais boʻlib esimni yebmanmi! Kolxoz omboridagi sichqonlar qoʻltiqtayoqda yurgan boʻlsa... Joʻrajonlarga qulluq, shu joyni eplab berishdi. Xoʻ-oʻsh, qorning ochdir, a? Hozir, hozir, jon joʻrajon, ammo oyoq chatoq boʻlibdi-da.

Ramazon gapira-gapira deraza ostiga begona koʻzdan pana qilib yashirib qoʻyilgan qutini ochdi. Yigitali aniq koʻrdi: quti ichida oʻn-oʻn besh dona non bor edi. Berilsa, tunu kun navbatda turib, oqibat noumid qaytganlarning yarmiga yetardi. Ramazon nondan bittasini olib, pichoq bilan kesdi. Qutining yonidagi xaltachani titkilab, bir parcha goʻsht, toʻrtta tuxum chiqardi. Shisha bilan piyolani qaerdan olganini Yigitali sezmay qoldi: uning koʻzi hamon qutida edi. Qutidan unga non ilinjida javdiragan koʻzlar tikilib turganday edi.

Uning nigohini Ramazon ham sezdi: «Koʻzi nonda, och ekan, bechora. Balki shuning uchun kelgandir. Hali tirik oʻlik boʻlib boʻynimga osilib olmasa edi. «Seni qutqarganman», deb minnat qilsa, ikkita non berib qutilib qoʻya qolarman. Ikkita non - hozir hayot degan gap!»
—Qani, joʻrajon, uchrashuvimizni bi-ir yuvaylik. Xoʻ-oʻsh, nima yumush qilyapsan?
—Podachiman.
—Ishing yurishmabdi-ku, jon joʻrajon? Nima qilmoqchisan endi, yo shu atroflardan ish qidirmoqchimisan?

Choʻqqiga intilib, oqibat botqoqqa botgan odam holiga tushgan Yigitali boʻgʻiq ovozda buyurdi:
—Qani, quy.

Ramazon yarim piyolaquydi.
—Toʻldirib, baquvvatqilibquy.

Yigitali piyolani bir koʻtarishda boʻshatdi. Nonga ham, goʻsht, tuxumga ham qoʻl uzatmadi.

Ramazon oʻzigahamquydi.
—Omon boʻl, joʻrajon, kelganingdan xursandman. Qaytishingda esimga sol, bollaringga non-pon berib yuboraman.

Bu gap Yigitalining boʻgʻziga xanjardek sanchildi.
—Bu yoqqa ber!
—Juda tomoq taqillab turgan ekan-da, a?

Yigitali Ramazonning xunuk xiringlashiga qaramay, qoʻlidagi piyolani tortib olib, koʻtardi. Ichaturib xotinidan oʻpkaladi: «bormang, deb turib olsang oʻlarmiding! Sendaqa boʻshang xotindan yana bormikin bu olamda?! Choʻloq ering bir yoqqa boraman, desa indamay qolaverasanmi?..»

Uning xayolini derazaqopqoqning taqillashi buzdi.
—Kim u, non yoʻq!-deb baqirdi Ramazon.

Tashqaridan ayolning: «Menga bir kishi kerak edilar», degan siniq ovozi keldi.
—Qanaqa kishi?
—Bir... oyoqlari yoʻq...
—Seni soʻrayapti shekilli?-deb ajablandi Ramazon Yigitaliga qarab, keyin gapni hazilga burdi:-Kelmasingdan xotinlar yoʻqlab qolishibdi-ku, yomonsan, joʻrajon, yomonsan. Polshada ham bitta jonon ishqingda mast boʻlib yurardi, a? O'zing ham qaramading, menga ham ilinmading, shunaqa xasisliging ham bor edi...

Yigitali kampirning qaytib kelganini anglab, uning gaplariga parvo qilmay oʻrnidan turdi. Xaltasini qoʻliga oldi. Ramazon unga ergashib, tashqariga chiqdi. Kampir bir juft xrom etikni xuddi chaqaloq kabi bagʻriga bosib turardi.
—Baraka topgur, shuni oling, yaxshiliklarga kiying...-dedi kampir etikni uzatib.

«Joʻrajon pismiqqina boʻlib chayqovchilik qilib yuribdi shekilli»,-deb oʻyladi Ramazon. Keyin oldinga oʻtib, etikni koʻliga oldi: «Yangigina ekan, bir-ikki kiyilgan xalos...»
—Qanchadan boʻldi, kampir?
—Sotmayman buni. Bu kishiga olib keldim. Non berib edilar.
—Non? Shu odammi?-Ramazon Yigitaliga ajablanib qaradi:-sen non berdingmi?

Yigitalining vujudi titray boshlagan edi. U Ramazonni bolaxonador qilib soʻkishi ham, ta’na-dashnomlarga koʻmib tashlashi ham, hatto urib qolishi ham mumkin edi. «Hammasi bekor. Bu men oʻylagan odam emas ekan. Na gapning, na kaltakning foydasi bor bunga. Men Ramazonni olovdan olib chiqmagan ekanman. Ramazon jangda oʻlgan ekan. Bu mening doʻstim emas, Ramazon qiyofasiga kirgan shayton...» Shu fikr uni barcha gapu harakatlardan toʻxtatib qoldi.

Yigitali Ramazonning qoʻlidan etikni olib, kampirga uzatdi:
—Yogʻoch oyoqqa xrom etik yarashmaydi, onaxon, bekor qilibsiz, qani, yuring-chi...

Yigitali shunday deb, yoʻl boshladi. Besh-oʻn qadam yurgach, orqadan Ramazonning ovozi keldi:
—Tezroqqayt, kutaman!

Yigitali qayrilib qaramadi. Ramazon uning izidan bir pas tikilib turdi-da, «esi bormi, buning, kelib-kelib kampirga ilakishadimi?» deb gʻijinib, doʻkoniga kirib ketdi.

Etikni bagʻriga bosib olgan kampir Yigitaliga yetib oldi. «Etik oʻgʻliniki boʻlsa kerak. Ajab dunyo... xotirani ham nonga almashtirishsa...», deb oʻyladi Yigitali.
—Onaxon, nonni bekorga oldim, deb hijolat chekmang. Agar mumkin boʻlsa, uyingizda bir kecha tunay. Holdan toyganman. Bu ahvolimda bekatga yetib borolmayman.
—Baraka topgur, bir kecha ming kecha emas, joyimiz bemalol.

Uyga borishgach, kampir mayda toʻgʻralib quritilgan qizil sabzidan choy damladi.
—Haligi doʻkondor tanishingizmi?-deb soʻradi kampir unga choy uzata turib.

Yigitali kutilmagan savoldan gangib, darrov javob qaytarmadi.
—Yoʻq,-dedi nihoyat, benihoya bir oʻkinch bilan.-Birodarimni izlab kelgan edim bu yerga. Shu odamdir deb oʻylabman. Endi bilsam... u urushda oʻlgan ekan. Uni qutqarib qololmagan ekanman...

Kampir boshqa gap soʻramadi.

Kampir xuftonga yaqin non doʻkoniga navbatda turgani chiqib ketdi. Ertasiga kun yoyilganda xursand kayfiyatda ikkita non koʻtarib qaytdi. Sabzi choy damlab Yigitalining chiqishini kutdi. Chiqavermagach, u yotgan xona eshigidan moʻraladi. Mehmonning oʻzi yoʻq, ammo xaltasi yostiq yonida turardi. Kampir uni «Biror yoqqa chiqqandir», deb kutdi. Mehmon peshinda ham, kechqurun ham koʻrinmadi. Kampir xaltani ochishga botinmadi. Uch kundan keyin kichik nabirasi xaltada non borligini aytgach, hayratdan dong qotdi.

...Yigitalini qishloqqa kiraverishda ikki kishi qarshi oldi. Ularning ikkovi ham orasta kiyingan, qotmadan kelgan, harakatlari chaqqon edi. -Yigitali Sultonaliev sizmisiz?-deb soʻradi yoshrogʻi. -Menman.
—Ikki kundan beri qayoqlarda yuribsiz?
—Birodarimni izlab keldim. Kimsizlar, nega meni surishtirib qoldingiz? -Qani, yuring biz bilan. Kimligimizni borgan yeringizda bilasiz.
—Qayoqqa? Idoragami?
—Ha... idoraga.

«Bular rayondan kelishgan shekilli? Yana odamlarning gapi toʻgʻri kelib, meni rais qilib qoʻyishsa-ya? E, yoʻq, baribir koʻnmayman. Bir oyoq bilan kolxozni eplab boʻlarkanmi? Ajab dunyo... sendan soʻrab ham oʻtirishmaydi-ya...»

O'sha kuniyoq Yigitalining «xalq dushmani» sifatida «fosh qilinib», qamoqqa olingani haqida gap tarqaldi.

Rais odamlarga ikki kun davomida oʻzlari uchun boshoq terishlari mumkinligini e’lon qildi.

Oradan uch oy oʻtib Oynisa oʻgʻil koʻrdi. Odamlar «hukumatning bu qamogʻidan hech kim tirik qaytmaydi», deyishgach, bolaning ismini «Yodgor» deb qoʻydi.

Oradan roppa-rosa bir yil oʻtgach, Yigitali yogʻoch oyogʻini doʻqillatib uyiga kirib keldi. Koʻksida - orden. «Raisning gaplari yolgʻon ekan-da, boʻlmasa qamoqdagi odamga ham orden berisharmidi?» deb oʻyladi Oynisa.

Kenjatoyining ismi Yodgor ekanini bilib, Yigitali avval ranjidi. Keyin:
—Komandirimga xat yozmaganimda chindan «Yodgor» boʻlib qolishi hech gap emasdi. Bahonada men komandirimni topdim, oxirgi jang uchun berilgan ordenni oldim. Ular meni oʻlib ketgan deb yurishgan ekan. Ajab dunyo-da, bu oʻzi...-dedi.
—Odamlarning gaplariga ishonmay, oʻgʻlingiz olti oylik boʻlgunicha ham ism qoʻymagan edim. Endi oʻzingiz boshqa ot qoʻyib bering,-dedi Oynisa.

Yigitali bir oz oʻylanib turgach, bosh chayqadi:
—Yoʻq, shu kunlarimni eslatib yuradi. «Yodgor» boʻlaversin...

...Oradan olti yil oʻtib, kutilmaganda Yigitaliga Ramazondan bir xat keldi. Qachondir «doʻst» deb atalgan inson nomini xotira kafaniga oʻrab, qalb mozorining tub-tubiga koʻmib koʻygan edi. O'sha «doʻst» oʻzining tirik ekanini bildirib xat yozibdi.

«Qadrdonim, jon joʻramga sogʻinchli salom...»

«Qadrdon oshnang borligini olti yilda bir eslabsan, durustsan, bola», deb oʻyladi Yigitali.

«...Meni oʻlim changalidan qutqargan joʻrajonimni sogʻingandan sogʻindim...»

«Sogʻinsang kelmaysanmi, yoʻklamaysanmi, he nomard, toʻrt muchang sogʻ boʻlsa, men dunyoning narigi burchagida yashamasam...», xayoliga kelgan bu fikrni quvib, Yigitali oʻqishda davom etdi:

«...Seni koʻp eslayman. Qani edi, qanotim boʻlsa-yu, uchib borsam, seni bagʻrimga bossam. Ammo ilojim yoʻq. Qanotlarim qirqilgan. Arzimagan bir necha ming soʻmni deb azob chekib yuribman...»

«Xudo jazoiyingni beribdi-da, xalqning qargʻishi osmonga uchib yoʻq boʻlib ketmaydi, tuproqqa singmaydi, shunga aqling yetmasmidi?»-deb oʻyladi Yigitali.

«...Jon joʻrajon, butun umidim sendan. Katta idoralarga xat yozib, urushdagi xizmatlarimni ayt. Komandirimiz hozir katta ishda ekan, unga xat yoz, meni himoya qilsin. Sen meni oʻlimdan tortib olgan eding, bu yerdan chiqib ketishimga ham yordam qil. Bolalarim yetim qolmasin...»

Yigitali xatni oʻqigach, oʻyga toldi. Kun boʻyi oʻtirsa ham, tursa ham xayoli Ramazonda boʻldi. Avvaliga «Oxiri xarom teshib chiqibdi-da», deb oʻyladi, ammo «Battar boʻlsin» degan hukmga kelmadi. Tushida olti yil avvalgi manzarani yana koʻrdi:

...zambarda uch bolaning oʻligi emish. Uchchovi ochlikdan tarashadek qotgan - quruq suyakning oʻzi...

...faqat... aniq esida: Ramazon avvalgi safar murdalar tepasida boʻzlab turgan edi. Bu gal doʻkonidagi non toʻla quti ustiga oʻtirib olib xunuk tirjayarmish...

Har yili bahorda bir suvab qoʻyiluvchi supada yotgan Yigitali koʻzlarini ochdi-yu, boʻzara boshlagan osmonda yolgʻiz qolgan yulduzni koʻrdi. Anchagacha qimir etmay yotdi. Koʻrgan tushini biron bir narsaga yoʻymadi. Kuyosh koʻtarilib, hamma oʻz yumushi bilan ketgach, kenjatoyi bilan qoldi. Joʻjaxoʻrozni quvib yurgan Yodgorning harakatlarini kuzatib jilmaydi. Soʻng qoʻliga qalam-qogʻoz olib komandiriga xat yoza boshladi. Xatga soʻnggi nuqta qoʻygach, yelkasini bosib turgan ogʻir yukdan qutilganday, koʻngli ravshanlashdi. Yogʻoch oyogʻini doʻqillatib pochtaxona tomon yurar ekan «ajab dunyo...» deb pichirlab qoʻydi.