OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTohir Shomurodov
Asar nomiNikoh uzugi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tohir Shomurodov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nikoh uzugi (hikoya)
Tohir Shomurodov

...Toʻrtinchi qavatdagi uyning derazasidan moʻralagan tonggi quyoshning zarrin nurlari yotoqda miriqib uxlayotgan Valijonning betini beozor qizdirdi. Valijon erinibgina koʻzlarini ochdi. Soʻng nimadir esiga tushgandek seskanib ketdi va oʻrnidan uchib turgancha stolda soatga qaradi. Soat millari rosa yetti yarimni koʻrsatardi.

Valijon noz uyquda yotgan xotiniga razm solarkan:

– Tamom, kechikdim, – deya pichirladi beixtiyor. – Buning uxlashini-chi.
— Kechasi bilan uyqu bermaganingizdan keyin uxlayman-da, – degan ovozi keldi Oypopukning.

Valijon shosha-pisha kiyinib, dahlizga chiqdi. Oyoq kiyimini kiyayotgan mahal ichkaridan xotinining:

– Valijon aka, – deb chaqirgani eshitildi.

– Nima?

– Valijon aka.

– Gapiraqol, – deb baqirdi bu safar Valijon asabiylashib.

– Nega baqirasiz? – dedi muloyim ohangda dahliz ostonasida paydo boʻlgan Oypopuk eriga hayron boqib. – Choy-poy ichmaysizmi?

– Yarim soatda ishxonada boʻlmasam, ish pachava!

Valijon deyarli chopib chiqib ketdi.

* * *

Valijon avtobusning orqa oʻrindiqlaridan biriga oʻtirib olgancha ketib borayotgan edi. Shu payt tirband yoʻlovchilar orasidan bir juvon chiqib keldiyu, Valijonning naq biqinida turib oldi. Juvon yigitga avvaldan taniydiganday qattiq tikildi. Noqulay ahvolga tushgan Valijon uni eslolmadi, ammo har ehtimolga qarshi soʻradi:

– Kechirasiz, meni kimgadir oʻxshatyapsizmi, xola?

Juvon gʻazab bilan hammaga eshittirguday tarzda oʻshqirdi:

– Xotin kishiga joy bersang oʻlasanmi?!

Yoʻlovchilarning bir qismi yalt etib shu tomonga qarashdi.

Valijon yer yorilmaydiyu, yerga kirib ketmadi. U shosha-pisha oʻrnidan turib, ayolga joy berarkan, xijolat aralash:
— Marhamat... marhamat... — deya oldi.

Tik turib olgan Valijonga shopmoʻylov, bahaybat, ellik yoshlardagi, koʻzlari atrofga olazarak boqayotgan yoʻlovchi qapishib turardi. Valijon bir-ikki marta uning gavdasini sal nari surgan boʻldi. Ammo xoʻmrayib olgan shopmoʻylov atay qilayotganday battar unga tiqilgani tiqilgan edi.

«Bungayam joy kerakka oʻxshaydi, — degan oʻy oʻtdi Valijonning koʻnglidan. — Xuddi men yeb, u quruq qolganday oʻqrayishini...»

Valijon parvo qilmaslikka urinib, oynadan tashqarini kuzatib ketaverdi. Ammo yoʻlovchi hadeb ogʻirligini solavergach, tutqichni ushlagan qoʻllari tolib ketgan yigit axiyri chiday olmay bir amallab boshini orqaga burdi-da:
— Sal oʻzingizni ushlab turing, amaki, — dedi.

Ammo «amaki» gap ta’sir qilmaydiganlar xilidan ekan, shekilli, Valijonga yeb qoʻyguday boʻlib tikilarkan, palagʻda ovozda vishilladi:
— Bu avtobus, katta xolangning mashinasi emas. Yoqmasa, ana, taksida ket, uka!

Battar dili xira tortgan Valijon noiloj tishini tishiga bosdi.

Yigit shu alfozda bir amallab zarur bekatga qadar yetib keldi va yoʻlovchilar orasidan arang sirgʻalib oʻtib, avtobusdan tushib qoldi. U oyoq izlari qolgan poyabzaliga, gʻijim boʻlgan shimiga ham qaramasdan ishxonasi tomon yugurdi.

Qancha harakat qilmasin, Valijon ishga besh daqiqa kechikib keldi. Yigitning baxtiga bugun nimagadir boshliq shaxsan oʻzi xodimlarning vaqtida ishga yetib kelishini tekshirib chiqmabdi.

Ha, gʻalati odam-da bu Akobir aka. Oʻrni kelsa-kelmasa:
— Mehnatning asosi — tartib-intizom! — deb takrorlashni xush koʻradigan bu rahbar kunda-kunora darvoza yonida semiz daftarni koʻtarib olgan kadrlar boʻlimi boshligʻi Hanifa opa bilan turib olar va kimning qachon ishga kelganini belgilab qolardi.

Bunday kunlari ishga kech qolgan xodimning boshida kaltak sinardi. Akobir aka kabinetiga kelasola barcha oʻrinbosariyu boʻlim boshliqlarini hamda kechikkan xodimlarni chaqirib, darhol oʻzi «pyatiminutka» deb atagan yigʻilishni boshlar va odatda kamida bir yarim-ikki soat davom etadigan bu yigʻinda hamma boshini quyi eggancha intizom mehnatning asosi ekanligi haqidagi eski, siyqasi chiqqan, deyarli yod boʻlib ketgan ma’ruzani tinglardi. Rahbar yigʻilishni oʻzi ochar, oʻzi davom ettirar va, tabiiyki, oʻzi yakunlarkan, ishga kechikib kelgan xodimlarga hayfsan e’lon qilishni taklif etar va bu taklifini bir ovozdan ma’qullatib olgach, mamnuniyat ila majlis bayonnomasini erinmay yozib oʻtirgan Hanifa opaga qarata:
— Majlis qarorini albatta protokolga kiritib qoʻying, — deb ta’kidlashni unutmasdi.

Xodimlarning koʻpchiligi ishga kechikishdan emas, rahbarning mana shu ma’ruzasini eshitmaslik uchunoq vaqtidan burunoq oʻz xonalariga yetib kelardilar.

Shu bilan... tamom edi. Ya’ni Akobir aka xodimlar kun boʻyi nima ish bilan mashgʻul boʻlishi bilan unchalik qiziqmas, toʻgʻrirogʻi, rahbarning oʻzi kun boʻyi davom etadigan qandaydir bosh-keti yoʻq yigʻinlardan beri kelmasdi.

Injiq rahbarning «e’tibori»dan qutulib qolganidan mamnun boʻlgan Valijon oʻrganib qolgan odati boʻyicha barmogʻidagi nikoh uzugini aylantirib oʻynamoqchi boʻldi. Ammo toʻsatdan yigitning rangi dokaday oqarib ketdi. U shoshib barmogʻiga qaradi. Ha, uzuk yoʻq edi!

Yuzini sovuq ter bosgan Valijon nimagadir kissalarini titkiladi, gʻijimlangan pullariniyu dastroʻmolini ham stolga olib, har birini birma-bir paypaslab chiqdi. Keyin «Balki shu yerga tushgandir» degan oʻyda polga toʻshalgan kulrang kigizga choʻkka tushgancha emaklab uzukni izlashga tushdi.

Uzuk yoʻq edi.

Valijonning koʻz oldi qorongʻulashib ketdi.

Xonaga kirib kelgan Ramazon hamkasbini mana shunday ahvolda koʻrdiyu, qoʻrqib ketdi.

– Nima gap, Valijon? – deb soʻradi u jon holatda.

Valijon Ramazonning savolini eshitmaganday unga garang ahvolda tikildi. Soʻng:

– Uzuk... – deya pichirladi majolsiz tarzda.

– Qanaqa uzuk? — dedi Ramazon hayron boʻlib.

Valijon javob oʻrniga nikoh uzugi oʻrni muzday boʻlib turgan barmogʻini koʻrsatdi.

– Ha, tushunarli... Yoʻqolmasidan avval shu yerda edimi? – deb soʻradi Ramazon.

Valijon unsiz bosh irgʻadi.

– Shungayam ota goʻri qozixonami? – dedi Ramazon. – Yoʻqolgan boʻlsa topiladi. Topilmasa, ana, marhamat, bozor toʻla uzuk.

– Nimalar deyapsan? — dedi Valijon. – Axir u xotinimdan sovgʻa-ku. Unaqasini qaerdan topaman?

– Pul boʻlsa changalda shoʻrva, – dedi Ramazon.

– Baribir unaqasini topolmayman-da, – Valijon chuqur xoʻrsindi. – Xotinim bilsa yaxshi boʻlmaydi. Keyin, oʻzing bilasan, bor pulni toʻyga sovurib boʻlganman.

– Nima, uylanganingga uch oy boʻlmay turib, xotiningdan qoʻrqib qoldingmi, a? – quvlik bilan soʻradi Ramazon.

– Nega qoʻrqar ekanman? Men uni hurmat qilaman, xolos.

– Yashavor, Valijon! – dedi Ramazon kulimsirab. – Biz erkaklar ayollarni albatta hurmat qilishimiz kerak.

– Koʻp gapirmay, uzukni topishimga yordam bersang yaxshi boʻlardi, – dedi Valijon jiddiy ohangda.

Ramazon bir muddat oʻylanib turgach:

– Qarz ol, – dedi.

– Kimdan?

– Mendan emas, albatta. Ishxonada birortasidan.

– Be, qoʻysang-chi, – dedi Valijon. – Bitta uylangulik holi bor ekan-ku deyishmaydimi? Oʻzimiznikilardan soʻrolmayman.

– Toʻgʻri aytasan, – dedi Ramazon boshini qashlab. – Unda boshqa yoʻli bor. Faqat aytganimni qilasan, maylimi?

Valijonning koʻnglida umid chiroqlari yondi.

– Sen ayt, aytaver, – dedi u. – Uzuk topilsa boʻlgani.

– Boʻlmasa, ikkalamiz bir joyga borib kelamiz.

– Qayoqqa?

– Yur, – dedi Ramazon eshik tomon yoʻnalib.

– Ish-chi? – dedi Valijon stoliga koʻz tashlab.

– Senga ish kerakmi, uzukmi?

Valijon shoshib Ramazonga ergashdi.

* * *

Koʻp qavatli uyning uchinchi qavatiga koʻtarilgach, Ramazon toʻgʻridagi eshik qoʻngʻirogʻini bosdi. Bir muddat oʻtgach ichkaridan ayol kishining:

– Kim? – degan ovozi eshitildi.

Eshik xiyol ochilib boshyalang, shuning uchun sochlariga oralagan oq shundoq koʻrinib turgan keksaroq ayol koʻrindi.

– Sizlarga kim kerak?
— Assalomu alaykum, — degach Ramazon sherigiga ishora qildi: – Ishimiz tushib keluvdik oldingizga.

Ayolning ovozi yumshadi.

– Nega haykal boʻp turibsizlar, ichkariga kiringlar, — dedi u xijolat tortgandek. – Men sizlarni soliqchilarmi deb oʻylabman.

Ikkovlon ayolning ortidan ichkariga kirishdi.

– Bu yerda kunduzi sizlarga oʻxshagan ishi tushib kelgan hojattalablarni qabul qilaman, – deya izoh bergan boʻldi ayol mehmonlarga. – Oʻzim dachada yashayman. Qani, oʻtiringlar.

Ramazon bilan Valijon xona chetidagi stol yonidagi ikkita stulga oʻtirishdi.

– Shaharning manaman degan kishilari mening oldimga kelishadi. Men sizlarga aytsam, bir paytlar katta-katta ishlarda ishlaganman. Lekin ichi kir, koʻrolmas bir-ikkita kazzob kimsalar uyushtirgan tuhmat kasriga qolib, ishdan boʻshashga majbur boʻlganman. Mana endi, pensiyaga chiqqach ham odamlarga nafim tegsin deb savob ish bilan shugʻullanyapman. Oʻtgan kuni bir juvonning qimmatbaho taqinchogʻini topib berdim. Ayol bechoraning yigʻlayverib, koʻzlari shishib ketgan ekan. Undan: «Taqinchogʻingni oʻzingdan boshqa yana kim taqardi?» deb soʻraganimni bilaman, zip etgancha uyimdan chiqib ketib yuborsa boʻladimi. Oradan biron soatlar oʻtib, oldimga qaytib keldi. Ha, egachi, nima boʻldi, xayrniyam nasiya qilib ketdingiz-u desam, nima deydi denglar. Sizga ming rahmat, opajon, taqinchogʻimni topib berdingiz. Uni qizim tushmagur oʻrtoqlarimga bir maqtanayin deb maktabiga taqib ketgan ekan, deydi-ya. – Ayol picha tin olgach, yana gapida davom etdi. – Hozir odamlar shunaqa parishon boʻlib qolishgan... Xoʻsh, sizlar qanaqa ish boʻyicha keldingiz? – U mehmonlarga savol nazari bilan qaradi.

Ramazon «oʻzing gapir» deganday sherigini turtdi. Ayol:

– Shoshmang, – dedi, – oʻzim aytaman. Sizlar mol yoʻqotgansizlar.

– Mol emas, – dedi Valijon hayron boʻlib. – Uzuk... nikoh uzugi.

– Jim boʻl, – dedi ayol stolga kosada suv keltirib qoʻyarkan.– Uzuk mol boʻlmay nima? Aytdim-ku shaharning kazo-kazolari menga kelishadi deb.

Ayol kosadagi suvga sinchiklab tikildi. Valijon ham unga qoʻshilib kosaga koʻz tashladi, biroq unda suvdan boʻlak hech narsani koʻrmagach, hayron boʻlib Ramazonga qaradi.

– Ana! – deb birdan qichqirib yubordi ayol yigitlarning kapalagini uchirib.

– Qani? – dedi Valijon shosha-pisha kosani qoʻliga olarkan.

Ayol undan kosani qaytarib oldi va suvga diqqat bilan tikilishda davom etdi.

– Hisob-kitobli yerda ishlarkansan, – dedi u Valijonning koʻzlariga tikilib. – Qoʻling har oyda pul koʻrarkan, toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri, – tan oldi Valijon.

Kutilmaganda ayolning avzoyi buzilib:

– Latta! – deya baqirdi. – Nima qilib uzukni yoʻqotib yuribsan!

Valijon ayolning dashnomidan choʻchib, tili aylanmay qoldi.

– Men... men bilganim yoʻq, – dedi u duduqlanib. – Kechagina oʻzimda edi. Ishga kelib bildim yoʻqligini..

Ayol yengil tin oldi.

– Voy sodda-ey, – dedi u endi kulimsirab. – Uzukni yoʻlda yoʻqotibsan-ku.

– Qaydam...

Ayol yana kosadagi suvga razm soldi.

– Ishga koʻpchilik orasida kelibsan.

– Ha, avtobusda odam koʻp edi, – dedi Valijon ayolning topqirligidan hayratini yashirolmay.

– U yerda kimdir senga yomon nazar bilan qaraganmidi?

Valijon nimanidir eslashga urinib peshonasini qashladi.

– Bor edi, – dedi u nimadir esiga tushganday. – Avtobusda, shundoq biqinimda bir odam bekatimgacha menga xoʻmrayib qarab keldi.

Ayol uzukni allaqachon topib berganday magʻrur yoʻtalib qoʻydi.

– Odam bolasiyam shunchalik sodda boʻladimi? – dedi ayol oʻrnidan turarkan. – Xoʻmraysa jim ketaverdingmi? Bor, endi uni izlab top. Gumonim oʻshandan. Oʻgʻri hozir sen tushib qolgan bekatda sherigi bilan avtobus kutib oʻtiribdi.

Valijon shoshib oʻrnidan turasola eshikka qarab yurdi.

– Toʻxta! – dedi ayol uning ortidan. – Xizmat haqqi-chi?

Valijon xijolat boʻlib ortga qaytdi va kissasidan bir dona ming soʻmlik chiqarib, stolga tashladi.

Ayolning beti tirishdi.

– Hoy yigitcha, – dedi u qat'iy ohangda. – Men senga tilanchimanmi? Ziqnalik qilmasdan tashla.

Valijon hamkasbiga qaradi. Afti burishib ketgan Ramazon gʻoyat norozi tarzda kissasidan ikkita ming soʻmlik chiqarib, stolga uloqtirdi.

* * *

Ramazon bekatga qadar Valijonga ergashib keldi. Soʻng negadir yuragi dov bermay:

– Balki izlashni bas qilarmiz, – dedi. – Oʻgʻrini topganimiz bilan ikki dunyodayam boʻyniga olmaydi. Chunki senda uni oʻgʻri demoqqa asos yoʻq. Bekorchi gap-soʻzlarni nima keragi bor?

– Qoʻrqayapsanmi? – piching qildi Valijon. – Seni ushlab turganim yoʻq. Istamasang ketaver. Ana men tushgan bekat.

Valijonning qadamlari tezlashdi. Ramazon noiloj uning ortidan yurdi.

Bekatda odam gavjum edi. Valijon yoʻlovchilarga diqqat bilan nazar solib chiqdi. Yoʻlovchilardan biri uning harakatiga hayron qolib, barmogʻini peshonasiga niqtab aylantirib qoʻydi.

Valijon birdan yelkasiga kattakon sumka osib olgan, oʻziga taksida ketishni maslahat bergan oʻsha shopmoʻylov yoʻlovchini va uning yonida turgan aynan oʻsha, uning joyini tortib olgan ayolni koʻrdi! Ha, yigit adashishi mumkin emas edi. Ikkalovchi chekkaroqda turib, past ovozda nimanidir gaplashishar edi.

«Demak, bular sherik ekan! — degan qarorga bordi Valijon. — Biri chalgʻitib turadi, ikkinchisi...»

Valijon shoshib ularning yoniga yaqin bordi va erkakka oʻqrayib qararkan:

– Qalaysanlar, oʻgʻrilar? – dedi.

Shopmoʻylov avval shoshib qoldi, soʻng qahr bilar:

– Nimalar deyapsan? – dedi. — Mastmisan, nima balo!

– Oʻzini goʻllikka olishini koʻryapsanmi buning? – dedi Valijon janjal koʻtarilishidan choʻchib turgan hamkasbiga qarab. Soʻng yana shopmoʻylovga oʻgirildi: – Uzukni qaerga gumdon qilding?

– Qanaqa uzuk? – dedi hamon gap nima haqidaligini anglay olmayotgan yoʻlovchi. – Sen meni kimgadir oʻxshatyapsan shekilli?

– Shekilli emas, – dedi Valijon yoʻlovchining yoqasidan olib. – Aniq sen olgansan. Koʻzlaring bejo edi. Chiqar uzukni. Yaxshilikcha chiqarsang milisaga aytib oʻtirmayman. Boʻlmasa qamatib yuboraman sheriging bilan qoʻshib!

Shopmoʻylov boʻsh kelmadi.
— Bor, qoʻlingdan kelganini qil! Agar milisa chaqir¬sang, tuhmat qilganing uchun avval oʻzingni qamata¬man!

Shu paytga qadar nima boʻlayotganini tushunol¬mayotganday bularga angrayib qarab turgan ayol toʻsatdan chinqirib yubordi va dod solgancha Valijonning yuziga chang soldi.
— Odamlar! Ushlanglar tuhmatchini! Qip-qizil jinni-ku bu!

Valijon to oʻziga kelib olgunicha ayolning oʻtkir tirnoqlari boʻynini tilib oʻtdi.

Shopmoʻylov ham tek turmadi. Nogahon u boʻlayotgan tomoshani hayron kuzatib turgan Ramazonning yuziga musht tushirdi. Oʻziyam gurziday musht ekan, boʻshashibgina turgan Ramazon ikki qadam nariga uchib ketdi.

Ayol kishi bilan teng kelib boʻlarmidi!

Valijon noiloj ortga chekindi.

Bekatdagi yoʻlovchilar bularni qiziqish bilan kuzatib turishardi.

Shopmoʻylov boks ilmidan xabari bormi yo koʻcha janglari hadisini olganmi, ishqilib, tuyqus chaqqonlik bilan Valijonning qorniga ikki marta tepib qulatdi.

Soʻng shundoq yonidan oʻtib borayotgan taksi mashina¬sini toʻxtatdi. Shopmoʻylov bilan ayol xuddi kelishganday chaqqonlik bilan mashinaga chiqishdi.

Mashina siltanib olgʻa intildi.

Sharmanda boʻlgan Valijon ixrab oʻrnidan turdi.

Ramazonning ahvoli ham unikidan yaxshiroq emasdi. Ikkovlon chekkaroqqa oʻtishdi.

– Bosqinchilar! – deya pishilladi Valijon. – Borib milisaga ariza berish kerak.

– Tentak boʻlma. Bir kami uzuk qolib, endi melisaga qatnash qoluvdi, — dedi Ramazon toʻngʻillab.

– Uzukni shular oʻgʻirlagani aniq...

– E, oʻsha uzugingniyam!.. – dagʻdagʻa qildi Ramazon asabiylashib. – Hammasiga oʻzing aybdorsan. Ketsa ketar bitta uzuk. Erkak degan ham xotinidan shuncha qoʻrqadimi?

Valijonning koʻzlari pirpiradi.

– Men xotinimdan qoʻrqmayman, – dedi u ohista.

– Sen yaxshi odamsan, Valijon, – deya hamkasbini yupatishga urindi Ramazon. – Lekin oʻlgudek soddasan. Folbinning gapi esingdami, u seni «soddasan» dedi. Sen boʻlsang, uning gaplariga laqqa ishonib oʻtribsan. Axir sen barmogʻingdagi uzukni oldirib qoʻyib, sezmay qoladigan darajada ahmoq emassan-ku.

Valijon boʻsh kelmadi.

– Unda meni nega uning oldiga yetaklab bording?

– Men ham senga oʻxshab soddadirman-da, – iljaydi Ramazon. – Endi bundoq, hozir sen bilan boshqa joyga boramiz.

– Qayoqqa? Yana folbingami?

– Borganda bilasan. Yuraver, qoʻrqma, bu gal hech kim doʻpposlamaydi. Qarz olib turamiz, qarz.

* * *

Ramazon ulkan, naqshinkor yogʻoch darvozaning qoʻngʻirogʻini bosgach, eshikni bir moʻysafid ochdi.

– Kelinglar, – dedi u tavoze bilan.

Ikkovlon qariyaga salom berib, uning ortidan hovliga kirishdi. Sirtidan oddiygina koʻringan hovlining ichkarisidagi hashamat Valijonni hayratga soldi. Ramazon esa ilgariyam bu yerga kelib-ketib yurgandek e’tibor qilmadi.

Qariya baxmal koʻrpacha toʻshalgan soʻriga chiqib oʻtirib, fotiha qildi va hol-ahvol soʻrashgach, mehmon¬larga choy uzatdi.

– Ishlaring yaxshimi? – dedi u Ramazonga. – Bundoq kelay ham demaysan?

– Ish koʻp, – dedi Ramazon piyolani qoʻliga olib.

Qariya doʻppisini olib, tepakal boshini qashladi.

– Xoʻsh, inim, bizga nima xizmat? – dedi u choy hoʻplarkan.

– Bir iltimos bilan keluvdik oldingizga. – Ramazon Valijonga ishora qildi. – Doʻstimga picha pul kerak boʻlib qoluvdi. Oʻzi yaqinda uylanib, borini sochib boʻlgan. Shunga bir yordam qilib yuborsangiz. Agar iloji boʻlsa, albatta.

Qariya Ramazonning gapiga tushunmaganday hayron boʻldi.

– Bu nima deganing, inim? – dedi u doʻppisini qaytadan kiyib. – Qani, sen menga ayt-chi, bu dargohdan kimningdir norizo boʻlib qaytganini hech koʻrganmisan?

Ramazon qovun tushirib qoʻyganday, oʻzini noqulay his qildi.

– Yoʻgʻ-e. Sizning qanaqa odamligingizni hamma biladi. Shu doʻstimizgayam oʻsha saxiyligingizni koʻrsatsangiz, devdim, xolos.

– Qancha? – dedi qariya boyadan beri odob saqlab jimgina oʻtirgan Valijonga koʻz tashlab.

Ramazon «gapir» degandek uni sekin turtadi.

– Yuz ming, – dedi Valijon ming xijolat bilan eshitilar-eshitilmas ovozda.

– Yuz ming sal koʻplik qilmasmikin? – deb soʻradi qariya ovozini sekinlashtirib. — Yo biznes-plan aniqmi?
— Yuz ming soʻm, aka, – darhol izoh berdi Ramazon. – Oʻzimizning pulda.

Qariya Ramazonga «Kimni olib kelding?» degan ma’noda oʻqrayib qarab qoʻydi va hafsalasi pir boʻlganday piyoladagi choy tagini nariga sochdi.

– Olimboy! – deya ovoz berdi chol ichkariga qarab . – Olimchik!

Uy ichkarisidan:

– Labbay, buvajon! – degan ovoz eshitildi.

Soʻng uydan qiltiriqqina oʻspirin chiqib keldi.

U mehmonlarga odob bilan salom berib, buvasiga yuzlandi.

– Mana bu amakilaringga yordam berishimiz kerak, – dedi qariya mehmonlarga ishora qilib. – Buvingga ayt, yuz ming olib bersin.

– «Koʻk»idanmi, buva?

– Soʻmda, – deb yubordi Valijon shosha-pisha.

Bola ichkariga kirib, bir zumda qaytib chiqdi va bir tutam yirik pul chiqarib, birpasda sanab ham berdi.

– Mana, buva, – deya u qariyaga qoʻlidagini tutqazdi.

Qariya pulni olib, Valijonga uzatdi.

– Ah, esim qursin, – dedi u birdan nevarasiga qarab. – Qari cholning xotirasi chatoq-da. Olimboy, bu oldi-berdingning sharti qanaqa edi?

Bola hafsala bilan koʻrpachaga chordona qurib oʻtirdi.

– Hozir tushuntiraman. – U mehmonlarga bir-bir koʻz yugurtirdi. – Qoʻlingizda yuz ming soʻm pul. Buvam guvohlikka oʻtadilar. Toʻgʻrimi, buva? –– Qariya tasdiq ma’nosida bosh tebratdi. – Muddati oʻn besh kun. Yigirma foiz ustamasi bilan shu yerda sanab olaman.

Valijonni titroq bosdi. Ovozi qaltirab:

– Qancha?.. – dedi. – Sal kamaytirishning iloji yoʻqmi?

Valijon oʻtinch toʻla nigohini qariyaga qaratdi. Chol «undan soʻranglar» degan ma’noda bolaga ishora qildi.

– Men bitta gapiraman, – dedi bola kattalarga xos qat'iy ohangda. – Yoqmasa, ana, katta koʻcha...

Ikkovlon qariya bilan xayr-xoʻsh qilgach, tashqa¬riga chiqishdi. Valijon suyunishini ham, kuyishini ham bilmay arosatda qolgandi.

Yoʻlni toʻgʻri bozor tomon solishdi. Zargarlik doʻkonida Valijon oynavand rastalarga koʻz yugurtirib, aynan oʻzining nikoh uzugiga oʻxshash uzukni uzoq qidirdi.

Sabri chidamagan Ramazon:

– Nima, senikidaqa uzuk dunyoda bitta ekanmi? – dedi toʻngʻillab. – Bittasini tanlasang-chi.

Valijon axiyri bir uzukni tanladi. Ammo koʻngli unchalik toʻlmayotgani nigohidan sezilib turardi. Qolaversa, bolakaydan olgan qarzi ham uzukka yetmaydi. U Ramazonga jovdirab qaradi. 

Choʻntagidan soʻnggi pullarini chiqargan Ramazon:

– Jin ursin! – dedi xuddi jonini sugʻurib berayotganday. – Bilib qoʻy, bu pul meniki emas, xotin akaniki. Bir narsa buyurgandi. Bir kun aldarman, ikki kun. Lekin uchinchi kuni pul qoʻlimda boʻlishi shart!

Valijon shosha-pisha bosh irgʻadi.

Baribir, bir olam ishlar yigʻilib qolgan ekan. Shu sababli Valijon bilan Ramazon yumush vaqti tugagan¬dan keyin ham qolib, ikki soatcha ishlashga majbur boʻlishdi.

Axiyri hammasi tugadi.

Ikkovlon shoshib koʻchaga chiqishdi.

Valijon bu safar yoʻlovchi kam, oʻrindiqlar deyarli boʻsh avtobusda qaytdi. Shunday boʻlsa ham yoʻl boʻyi uzuk taqilgan qoʻlini mahkam musht qilib tugib keldi.

Mana, qadrdon uy. Qadrdon eshik. Qadrdon eshik qoʻngʻirogʻi.

Oypopuk yayrab-yashnab eshikni ocharkan, oʻpkalagan ohangda dedi:
— Voy, namuncha kechikdingiz? Xavotirga tushdim...

– Mana, keldim-ku, – deya jilmayishga urindi Valijon.

– Sizga nima boʻldi? –Oypopuk erining charchoqdan kirtayib qolgan koʻzlariga diqqat bilan tikildi.

– Ish koʻpayib ketdi, – oʻzini oqlashga urindi Valijon.

– Ishingiz erta tugardi...

– Ishdan keyin ham ishlashga toʻgʻri keldi.

Toʻsatdan Oypopuk erining qoʻliga qaragancha dong qotib qoldi.

Kelinchak ichida nimadir «choʻrt» etib uzilganday eriga garangsib, karaxt ahvolda, oʻz koʻzlariga ishonmayotganday tikildi.

Oypopuk banogoh «oh» tortib yubordi va erining qoʻlidagi uzukka ishora qilarkan:
— Demak, yana bitta oilangiz bor ekan-da... — deya behol shivirladi rangi quv oʻchib.
— Ha, bumi? — beparvo ohangda gapirishga urindi Valijon. — Bu oʻzing sovgʻa qilgan uzuk-ku.

Oypopuk hamon karaxt ahvolda xalati choʻntagini timirskilab, nihoyat tilla nikoh uzugini chiqardi va ohista pichirladi:
— Oʻzim sovgʻa qilganni kecha kechasi hazillashay deb olib qoʻygandim. Mana u. Barmogʻingizdagi boshqa...

Valijon jon-jahdi bilan izoh berishga chogʻlandi. Ammo Oypopuk toʻsatdan hoʻngrab yigʻlab yubordi va ikkala kafti bilan yuzini berkitgancha ichkariga chopib kirib ketish oldidan temir eshikni erining yuziga qarsillatib yopdi...