OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Tomas Mann. Tazarru (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTomas Mann
Asar nomiTazarru (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Olmon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Tarixiy belletristika
Mualliflar
   - Tomas Mann
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMirzaali Akbarov
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tazarru (hikoya)
Tomas Mann

Dunya Shtegemann bilan tanishgan paytimda yigirma yashar gʻirt ahmoq yigitcha edim. Es-hushimni yigʻib olish uchun tirishib harakat qilar ekanman, bu ishni yigʻishtirib qoʻya qolish fikridan ancha uzoqlashib ketgandim. Ehtiroslarim chek-chegarasi yoʻq, ularni qondirish uchun esa hech narsadan tap tortmas, hayot tarzimning har narsaga qiziquvchan buzuqligini oʻsha, ayol kishi bilan sof, ma’naviy – ha, mutlaq ma’naviy yaqinlikka dilimda havas uygʻotgan oʻsha idealizm bilan juda chiroyli bir tarzda birlashtirib yuborgan edim.

Shtegemannga kelsak, u Moskvada tugʻilgan, ota-onasi nemis boʻlib, oʻsha yerda yoxud Rossiyada oʻsib ulgʻaygan edi. Uchta – rus, farang va nemis tillarini bilar, Germaniyaga esa guvernantka[1] sifatida kelgandi; shu bilan birga, u artistlik qobiliyatiga ham ega edi, biroq bir necha yildan soʻng bu kasbdan voz kechgan va endi ziyoli hamda faylasuf, ozod, erkin soʻqqabosh ayol boʻlib hayot kechirar, ikkinchi yoki uchinchi daraja maqomidagi gazeta uchun adabiy hamda musiqaga oid xabar va maqolalar yozib turardi.

Uni B. shahriga kelgan kunim moʻ‘jazgina mehmonxona oshxonasida, kamgina xoʻrandalar oʻtirgan umumiy ovqatlanish stoli atrofida uchratgandim, oʻshanda u oʻttiz yoshda: koʻkragi keng, sonlari tekis, och koʻkimtir koʻzlarida uyatchanlik-tortinchoqlik ifodasidan asar ham boʻlmagan, burni benihoya katta, sochlari joʻngina turmaklangan, loqayd, hech narsaga qiziqmaydigan, gavdali mallarang juvon edi. Oddiy, toʻq jigar rang koʻylagi ham qoʻllari kabi zeb-ziynatsiz va pardozsiz edi. Shu paytgacha hali bironta ayolda bunaqangi aniq-ravshan va oʻtaketgan badbasharalikni koʻrmagan edim.

Rostbif[2] tanovul qilayotib yaqinlashib qoldik, suhbatimiz mavzui umuman aytganda Vanger haqida, xususan esa «Tristan» toʻgʻrisida boʻldi. Ayol ruhiyatidagi erkinlik meni tang qoldirdi. Undagi ozodlik his-tuygʻusi shunaqangi gʻayriixtiyoriy, hech qanday mubolagʻa va ta’kidsiz shundayin sokin, xotirjam va oʻz-oʻzidan ma’lum, ochiq-oydin ediki, bunga hech ham aqlim bovar qilmasdi. Suhbat davomida «yalangʻoch ehtiros» qabilidagi iboralarni xolisona vazminlik bilan qoʻllashi meni larzaga soldi. Uning qarashlari, harakatlari, qoʻlimga kaftini qoʻyib, doʻstona muomala qilishi ham bunga monand edi...

Qizgʻin va teran suhbatimiz taomdan soʻng ham soatlab davom etdi, bu paytda toʻrt-besh chogʻli mehmonlar tamaddixonani allaqachon tark etgan edilar, bizlar kechki ovqat chogʻida ham koʻrishdik, kechqurun esa mehmonxonadagi nosoz fortepya¬noda musiqa chalib, vaqtchogʻlik qildik, oʻz navbatida, oʻzaro fikrlar va his tuygʻular almashib, bir-birimizni obdan oʻrgandik va shu tariqa oʻzaro til topishib oldik. Men bundan qoniqish hosil qildim. Bu xotin butun erkakcha ta’lim olgan ekan, uning soʻzlari muayyan maqsadgagina xizmat qilar, har qanday nozu karashmadan xoli edi, shu asnoda undagi befarqlik, hech narsadan qaytmaslik kechinmalar, kayfiyatlar, shov-shuv, vahimalar almashish jarayonida oʻsha intim radikalizmga imkon tugʻdirardiki, oʻshanda bu narsa mening dardi-fikrim edi. Shu bilan birga, kaminaning talabi qondirilgan: xotin oshna topilgan, uning oʻtaketgan betakallufligi meni xavotirga solmas, uning oldida oʻzimni xotirjam va dadil his eta olardim va nihoyat qalbim ham qandaydir harakatga tushib qolgan edi; chunki bu ziyoli xonimning jismoniy jozibadorligiga kelsak, u xuddi supurgining oʻzi edi. Ha, bu jihatdan mening ishonchliligim Dunya Shtegemannikiga qaraganda shu qadar kuchli ediki, ruhiy yaqinligimiz oshib borgan sayin bu narsa shunchalik yoqimsiz tuyulib, bora-bora axiri koʻnglim qola boshladi: bu qalbim tantanasi, u kutganimdan ham ziyoda boʻlgan edi.

Shunday boʻlsa-da... shunga qaramasdan doʻstligimiz qanchalik mukammal rivojlanmasin, ikkovlon mehmonxonani tark etayotganimizda ham, bir-birimizni koʻrgani borganimizda ham biz shunchalik ishonchli, insofli va toʻgʻri edik, shunda ham, baribir oramizda koʻpincha nimadir roʻy berardiki, bu oʻziga xos munosabatimizdagi ulugʻvor sovuqlikka qaraganda uch karra oʻzgacha boʻlishi lozim edi... Bu narsa dillarimiz aynan bir-birlariga soʻnggi va muhim sirlarini ochayotgan, qalblarimiz nozik jumboqlarini yechayotgan va bir-birimizga «siz»lab murojaat qilishimiz ba’zan benuqson «sen»ga aylanayotgan paytlarda sodir boʻlardi... Shunda bemaza vasvasa paydo boʻlib, havoni bulgʻar va nafas olishimizga toʻsqinlik qilardi... U esa buni mutlaqo sezmagandek koʻrinardi. Uning kuchi va erkinligi shu qadar zoʻr edi! Men buni his qilar va bundan iztirob chekardim.

Shunday qilib, bir kuni oqshom xonamda ikkovlon dildan suhbatlashib oʻtirganimizda bu narsa har qachongidan koʻra yaqqolroq sezildi. Bu gal menikida ovqatlangandi; dumaloq stol yigʻishtirilgan, icha boshlaganimiz qizil musallas ham olib qoʻyilgan, biz sigareta chekardik va odobsizlik hukm surayotgan mana shu vaziyat munosabatlarimizni belgilab turar edi: Dunya Shtegemann stol atrofida tik va magʻrur oʻtirar, men esa u tomonga qaragan holda shezlong (yumshoq uzun kursi)da yotardim. Erkak va ayol muhabbati uygʻotadigan ruhiy holatlar haqidagi parmalab, nimtalab tashlaydigan va butkul samimiy suhbatimiz shu zaylda davom etardi. Biroq men erkin, xotirjam emasdim, ehtimol koʻp ichganligim bois favqulodda serzarda, jizzaki boʻlib qolgandim. Oʻsha nimadir yana tagʻin hozir boʻlayotgan edi... Oʻsha boʻlmagʻur vasvasa havoda muallaq suzar va uni shunday bir tarzda bulgʻayotgandiki, bu men uchun tobora chidash mahol holatga aylanib borardi. Hoziroq derazani ochib yuborib, toʻgʻri va qoʻpol soʻz bilan boʻlsa-da, nooʻrin xavotirga nihoyat qat’iyan barham berish ehtiyoji meni butkul oʻz izmiga oldi. Aytishga ahd qilgan gapimni, garchi u oramizda aytib oʻtilgan boshqa koʻp narsalarga nisbatan muhimroq va toʻgʻriroq boʻlmasa-da, bir martaga aytvolishim kerak edi. E xudo, xushmuomalalik va iltifotga e’tibor uchun uning minnatdor boʻlishi dargumon edi...

– Menga qarang, – dedim unga, tizzamni bukib, oyoqlarimni chalishtirarkanman, – yana bir nimani aniqlashtirish esimdan chiqibdi. Oʻzaro munosabatimizdagi eng zoʻr ajoyib joziba men uchun nimaligini bilasanmi? U qalblarimizning intim yaqinligi, garchi senga boʻlgan ochiq-oydin nafratimni jismonan his qilayotgan boʻlsam-da, u men uchun juda ham zarurdir.

Jimjitlik.

– Ha, ha, – dedi u soʻngra, – bu qiziq ekan.

Uning ana shu luqmasidan soʻng suhbatimiz qovushib, yana ishq-muhabbat mavzuiga koʻchdi. Men yengil nafas oldim. Deraza ochilgan edi. Hozirgi holatimizga, nihoyat, toʻgʻrilik, ishonchlilik va oydinlik kiritilgan, bunga shubhasiz uning oʻzi ham ehtiyoj sezgandi. Biz chekib, gaplasha boshladik.

– Yana bir gap, – dedi u bexosdan, – buni aytib qoʻyishim kerak... men ilgari bir marta ishqiy aloqada boʻlganimni sen hoynahoy bilmasang kerak.

Men oʻgirilib qaraganimcha unga serrayib tikilib qoldim. U adl va butunlay xotirjam oʻtirar, sigareta tutgan qoʻli stol ustida u yoqdan-bu yoqqa borib kelar edi. Dahani xiyol ochiq, och koʻkimtir koʻzlari esa harakatsiz tik boqardi. Shunda beixtiyor qichqirib yubordim:

– Sen?.. siz-a?.. U ma’naviy muhabbatmi?

– Yoʻq; jiddiy.

– Qachon... qaerda... kim bilan?!

– Frankfurt-Maynda, bundan bir yil muqaddam, bank xizmatchisi bilan, u yosh, juda kelishgan yigit edi... shuni senga aytib qoʻyish uchun ehtiyoj sezayapman... buni bilib olganingdan xursandman. Yo sening nazaringda past ketibmanmi?

Men kulib qoʻyib, yana choʻzildim va barmoqlarim bilan yonginamdagi devorni cherta boshladim.

– Ehtimol! – dedim men zoʻr kinoya bilan. Men endi unga ortiq qaramas, balki yuzimni devor tomonga burvolib, uni chertayotgan barmoqlarimdan koʻz uzmasdim. Boya¬gina poklangan vaziyat bir zarb bilan shunaqangi keskin tus olgandiki, bundan miyamga qon quyilib, koʻzlarim xiralashib ketdi... Demak, bu xotin ishq nimaligini biladi. Uning badani erkak ogʻushida boʻlgan. Devordan koʻz uzmay turib, xayolimda ayolni qip-yalangʻoch holda tasavvur qildim va bu manzara menga yoqimsiz tuyuldi. Qizil musallas toʻla yana bir qadahni – bu nechanchasi edi? – boʻshatdim.

Jimjitlik.

– Ha, – takrorladi u yana past ovoz bilan, – buni bilib olganingdan xursandman.

Shubuhasiz, ma’nodor urgʻu berib gapirayotganidan a’zoi badanim dagʻ-dagʻ titray boshladi. U men bilan bir xonada yarim kechada yolgʻiz qimir etmasdan, adl, talabchan bir qiyofada oʻtirardi... Mening badaxloq tuygʻularim esa junbishga kela boshlagandi. Mana shu ayol bilan behayo va iblisona razolatga berilishim mumkinligi yoʻlidagi makr-hiylani tasavvur qilarkanman, yuragim chidab boʻlmas darajada poʻkillab urardi.

– Buni qara-ya! – dedim men tilim arang aylanib. – Juda qiziqib qoldim-ku!.. Anavi bank xizmatchisi vaqtingni chogʻ qiloldimi ishqilib?

– Boʻlmasam-chi, – javob qaytardi u.

– Unday boʻlsa, – hamon unga qaramasdan davom etdim men, – shunaqangi narsa yana boʻlsa, yoʻq demassan?

– Hecham-da.

Men shartta oʻgirildim, qoʻlimni yumshoq jildga tiragan koʻyi haddan ziyod suqlik va surbetlik bilan dedim:

– Ikkovimiz demoqchiydim?

U sekin men tomon burilib qaradi, koʻzlarida samimiy taajjub alomati zohir edi.

– O azizim, bu fikr sizga qayoqdan kela qoldi? Yoʻq, axir bizning munosabatlarimiz sof ma’naviy...

– Xoʻsh... xoʻsh... axir bu oʻz-oʻzidan ma’lum narsa-ku! Biz odatdagi doʻstligimizga hech bir ziyon yetkazmagan holda va istisno tariqasida, biror marta boʻlsa ham qovushishimiz mumkin-ku...

– Yoʻq dedim! Yoʻq deyayotganimni eshitib turibsiz-ku! – yanada ajablangannamo javob berdi u.

Men endi yaramas fe’lini tashlashga odatlanmagan ishratparastdek dargʻazab holda qichqirdim:

– Nega yoʻq? Nega yoʻq deysan? Tamannongni qara seniyu!

Hozirgi vajohatimni koʻrgan odam qoʻrqib ketishi aniq edi.

Dunya Shtegemann asta oʻrnidan turdi.

– Oʻzingizni qoʻlga olsangiz-chi. Bu nima qiliq?! Ahvolingizni tushunib turibman, biroq bu ish sizga nomunosib. Sizga yoʻq dedim va bizning oʻzaro xayrixohligimiz mutlaq ma’naviy ekanligini ham aytib edim. Nahotki shuni tushunmasangiz? Men endi boray. Kech boʻlib qoldi.

Kamina hushyor tortib, oʻzimni tutib oldim.

– Demak yoʻq, shundaymi? – dedim men kulib. – Bu bilan doʻstligimiz hech bir oʻzgarib qolmasa kerak...

– Nega endi oʻzgarmas ekan!

U shunday deb, qoʻlimni doʻstona qisib qoʻydi, shu asnoda uning yoqimsiz lablarida kinoyaomiz tabassum koʻrindi. Soʻng u ketdi. Men xona oʻrtasida turib qoldim, dilimdagi koʻtarinkilik yoʻqolgach, ushbu ajoyib sarguzashtni yana bir bor oʻylab, xayolimdan oʻtkazish bilan band edim. Oxiri peshonamga bir urdim-da, yotib uxladim.

«Sharq yulduzi»; jurnalidan olindi.

  1. Guvernantka – dvoryan va burjua oilalarida yosh bolalarni oʻqitish uchun odatda chet eldan chaqirilgan murabbiy, tarbiyachi ayol (tarj).
  2. Rostbif – molning biqin goʻshtidan qilingan qovurma (tarj).