OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTommazo Landolfi
Asar nomiYollangan qotil (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Italiyan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Tommazo Landolfi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAhmad Otaboev
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yollangan qotil (hikoya)
Tommazo Landolfi

T. yuragini xarsangday bosib yotgan vahmni yengillatishga imkon tugʻilganidan quvonib ketdi va bu koʻrimsizgina ayolga boshidan yaqinda kechirgan savdoni ochilib-sochilib gapirib berdi.

Endi, oradan bir-ikki oyni oʻtkazib, misoli asal oyini boshlaridan oʻtkazayotgan kelin bilan kuyovday qaymoqlashib yurgan oshiq-ma’shuqlarga bir nazar solaylik. Oʻsha oqshom—mehmonxona tagidagi qahvaxonada eshitganlariga boz qaytib, rangpar xonim janob T.ga koʻngil berdi: ajal qotildanmi, boshqadanmi, baribir har boshda bir oʻlim muqarrar, bir kuni oʻlib ketarkanmanda, deb hayotga kundan burun etak silkish, xursandchilikdan yuz burish yaramaydi, dedi va buni ikki karra ikki toʻrtday tushuntirib qoʻydi. Janob T. ham darhol boʻlmasada asta-sekin qat’iyatsizlikni tashlab, yangi, aytish joizki, bokira tuygʻularga esh boʻldi. U gohi-gohida, oʻzining mushkul ahvolga tushgan damlarini eslab qoʻyardi: xonim esa porloq kelajaklarining rejasini tuzar, garchi bezovta tuygʻular hanuz yuragini timdalab tursa-da, u xonimning bu mashgʻulotiga xalal bermasdi.

Vafodor oshiqlarday ochilib-sochilib ahd-paymonlar qilishib, shirin suhbatlar qurishgan oqshomlardan birida T. kayfichogʻ, olti million lirga tushgani yodidan koʻtarilib ketgan, xirgohini baland olib, mehmonxonadagi xos xonasiga kech qaytdi: bir mahal oshxona eshigining tutqichi tashqaridan bexos buralib, T.ning olayib ketgan koʻzlari oldida qotil paydo boʻldi. Xonaga bu nokas qanday qilib kirdi ekan? Nahotki, uni tinchitish uchun keldi... E, xudoyim, endi-endi, sal...
— Siz... sen... olgan pulingni oqlagani keldingmi?
— Ja obqochasiz-a, ochilib kuldi yollangan qotil. — Meni kim deb oʻylayapsiz? Lafz puldan baland turadi: agar sizni oʻldirish uchun kelganimda meni payqamay qolardingiz.
—Unda nega keldingiz?
—Badbaxt qurbonimni bir koʻray-chi, dedim-da. Ustiga -ustak mendan qilgan shubha-gumonlaringizni tarqatay, dedim. Va’da-va’da! Muhimi, siz haligiday, ya’ni hayotdan koʻz yumsangiz, qani nima yoʻqotarkansiz, shuni bilgim keldi.
—Agar men tuyqusdan?.. Baribir oʻlishimga toʻgʻri keladi, garchi?.. — gʻudranib nimadir demoqchi boʻldi shoʻrlik T.
—Qoʻying endi! — jerkib berdi mehmon, odatdagiday uning nima demoqchiligini oldindan fahmlab.
— Men sizga yollandim, hatto haqqimni oldindan oldim ham. Yana menga nima kerak? Balki sizga kerakdir, oʻzingizdan oʻpkalang, endi.
— Agar oʻzim sizdan iltimos qilsam-chi...
— Oʻldiraman deb soʻz berdimmi, tamom. Haqqim bor bunga, — dedi jiddiy turib qotil. — Shartni bajarish vijdonga toʻgʻri ish boʻlishini aytib oʻtirishning hojati boʻlmasa kerak? Men qonsirayapman, buni unutmang.
—Yo xudo, axir, siz mening keyingi paytdagi ishlarimdan xabardorsiz-ku, sizdan oʻtinib soʻrayman...
—Nima-nima? Mayli, pullar oʻzingizda qolsin, biroq meni oʻldirmang, demoqchimisiz?
—Xuddi shunday.
—Biroq men kasb-korimga xiyonat qilolmayman-ku!
—Oʻtinaman! —

yolvordi T.

Qotil ukkinikiday oʻtkir koʻzlarini unga qadab tikildi.
—Nima, oʻrtalaringda muhabbat paydo boʻldimi? — ishshaydi qotil.
—Ha.
—Sevishib qoldilaringmi?... Xoʻsh, baxtliman dersiz hali?!
—Ha! Ha!
—Nachora, bundan battari boʻlmaydi, — dedi shart kesib qotil. — Keyingi pushaymon oʻzingga dushman, hozir narigi dunyoda yurgan boʻlishingiz ham mumkin edi... Qisqasi, afsuslar boʻlsinki, xushtor boʻlib qolganingizning ishimizga aloqasi yoʻq.
—Toʻxtang!
—Toʻxtardimu, vaqt ketdi-da, — dedi qovogʻidan qor yogʻib qotil va goʻyo boshini shiftga urib olishdan ehtiyot boʻlganday egilib, ohista turdi (shu lahza T.ning xotirasiga bir besoʻnaqay tanish ayolning: «Men joyimdan qoʻzgʻolguncha boshqa birov oʻn marta turib oʻtiradi»; degan gapi keldi)
—Chiroylimi u? — qiziqsinib soʻradi qotil.
—Aytarlimas. Biroq yaxshi koʻraman — bu aniq. Ha, sevaman.
— Bundan chiqdiki, pushaymonsiz?
— Siz bilan tuzgan shartnomamizni nazarda tutayapsizmi?
— Boʻlmasa-chi!
— Afsus-nadomatga hojat yoʻq. Xayr... soʻnggi uchrashuvgacha.
— Iltimos, yana bir daqiqa, sizga savolim bor.

Qotil barmogʻini bigiz qildi.
—Eshitayapsizmi?

Koʻchada tong yorisha boshlaganidan darak berib, eshiklarning taraqlagani, nonfurushlarning hushtaklari, qora ishchilarning tomoq qirib yoʻtalgan tovushlari eshitildi.
—Va’daga vafo qilaman, xayr tong otayapti.
—Nahotki! — shunday deb derazaga yugurib borgan janob T. pardalarini ochib qaradi-yu, dagʻ-dagʻ titrab yolvordi. — Yoʻq, hali qorongʻu, shoshilmasangiz boʻlardi.

Uning gapi javobsiz qoldi. T. oʻgirilib qaraganida xonada hech kim yoʻq edi. Qotil gʻoyib boʻlgandi.

Janob T. ma’shuqasi bilan suhbatlashib oʻtirib, oʻzining gʻaroyib qotiliga, oʻzini oʻldirish uchun shaxsan pulga yollagan odamkushga aytishga ulgurmay qolgan gapini esladi:
—Bu nusxa biror bir gapga koʻnmaydi, qon toʻkmaysan, choʻntagingdagi olti million shundoq oʻzingga qolayapti, bu pullar oʻzingniki, faqat lafzdan qaytsang boʻldi, desam unamayapti. Kasb-koriga, obroʻsiga putur yetarmish, yana qonsirayotganiga oʻlaymi.
—Bilganini qilsin, sen, ruhingni choʻktirma, — dedi xonim. — Ehtiyot boʻlsang boʻlgani, axir bu qiyin ish emas-ku, a? Sen xonangda uning bemalol kirib-chiqib yurishiga yoʻl qoʻyganingdan keyin, albatta, u...
— Bemalol emish! Eshik, derazalar tambalangan, deb aytganmanku senga, qoʻngʻiroqlar ulab qoʻyilgan. Gapimga ishon, u odammas, iblisning oʻzginasi: bir zumda yer ostidan paydo boʻladi-qoladi.
—Buni qara-ya, Ajalning xuddi oʻzi!
—Shunaqa.
—Xoʻsh, unda nima qilish kerak deb oʻylaysan?
—Bilasanmi, deylik, men eng soʻnggi kungacha qotilimning nazaridan qochib yursam, xabaring bor, biz bir yil muddatga shartnoma tuzganmiz, ya’ni u bir yil ichida meni oʻldirishi lozim. Agar shu vaqt ichida men unga tutqich bermasam, shundan keyin u nima qilarkan?
—Balki hech nima qilmas.
—Balki, deysan-a! Mening hayot-mamotim shu «balki»;ga bogʻliq boʻlib qolishini xohlayapsanmi?
—Hozir seni bir yil oʻtgach nima yuz berishi qiziqtirayotir, shundan keyin shartnomalaring kuchini yoʻqotadimi, yoʻqmi, shuni bilmoqchisan-da?
—Xuddi shunday.
—Xoʻsh... buni uning oʻzidan soʻrash kerakmikan?
—Toʻgʻri aytding! Biroq uni qaerdan izlab topaman? Yollanma qotil deganing yozuvchi yo shoir emaski, qahvaxonada xayolga choʻmib oʻtarsa.
—Kutib turgin, oʻzi kelib qolar.
—Agar oʻldirish uchun kelsa-chi? Unda bu uning oxirgi kelishi boʻladi, men uni koʻrishga ham ulgurmayman-ku, meni zimdan tinchitadi-ketadi?...
— Quloq sol, — dedi xonim biroz oʻksik ohangda, — sen xuddi abadiy yashashni talab qilayotgan odamga oʻxshab gapirasan-a, goʻyo boshqalarning sendan qarzi borday!... Ol-a! Baxtlimisan? Baxtli boʻlsang oʻyna-kul, yomon xayollarga berilib, vahimaga tushaverma. Ikkimizning umumiy baxtimizdan quvon, yayra.

Janob T. oʻzicha bir nima deb mingʻirladi, biroq xonimning haqligini tan olmay iloji yoʻq edi.

Haqiqatdan ham ular behad baxtiyor edi. Uzoq vaqt — qariyb uch oydan beri! Birovlarga uch oy ozday tuyular, biroq uch oyda butun bir umrning ayshini sursa boʻladi, axir, baxt degani vaqt bilan oʻlchanmaydi-ku. Biroq, keyin nima boʻlgani... ayon. Mana sizga joʻn taqdirlarning yana bir kechmishi, deyishi mumkin allaqanday ichi qora kimsa: "Xoʻsh, bori shu ekan-da? Bu shoʻrlik oshiq-ma’shuqlarning ham baxti oxir shunday zavol topibdi-da»? Yo xudo, bunaqa oʻylaydiganlar uchun baxt deganlarining poyoni boʻlmasligi kerakday goʻyo! Qaniydi shundoq boʻla qolsa!

Ha, uch oydan keyin, boya aytganimizday, voqealar noxush tomonga qarab oʻzgardi. T. oʻzining ma’shuqasini taniy olmay qoldi, biroq u hanuz xonimni qattiq sevar, achchiq iztirob chekardi. Ammo xonim paytini topib, tap tortmay unga xiyonat qildi: koʻngli ketgan bir erkakni, oʻzidan yoshroq, T.dan koʻra hayotsevarroq xushtor topdi. Oqibatda T.ning dardu dunyosiga doʻzax olovi tutashib afsus-nadomatlari gurillagan gulxanga aylandiki, u tagʻin (xuddi hikoyamiz avvalida aytilganiday) oʻlib-yitib ketishni juda-juda istab qoldi.

Bu orada qotil qorasini koʻrsatgani yoʻq. Aksiga olib janob bu odamkushning ogʻziga choʻp oʻlchab ketishni (agar bu vaziyatni shunday ifodalash oʻrinli boʻlsa), boshqacha aytganda, oʻz joniga qasd qilib, qotilni dogʻda qoldirishni endi rejalashtirgan oqshom odatdagiday qotil gʻoyibdan paydo boʻldi.

Bu payt T. yozuv stoli ortida xomush oʻtirar, laklangan stol ustida toʻpponcha yotardi. Qotil tim qorongʻulikdan chiqib keldi.
—Va nihoyat! — uni koʻrib qichqirib yubordi T. — Yaratganga shukr! Ishni bitirgani keldingizmi?
—Nimaga ishonib bunday deyapsiz? — dedi xafa boʻlib qotil. — Haliyam tushunmayapsiz shekilli? Men momoqaldiroqqa oʻxshayman, — berilib tushuntira ketdi u, — ahmoqlar momoqaldiroqdan qoʻrqishadi, axir guldirak yashin chaqnab soʻngandan soʻng eshitiladi-yu!
—Unda qaysi shamol

bu yoqlarga uchirib keldi?..
—Oʻzim ham bilmayman: fe’lim gʻalatiroqmi, kim bilsin, balki sizning baxtiyor chehrangizni bir koʻrgim keldimi. Bilasizmi, ishning mana shu tomoni huzurli-da. Odamni oʻldirish, ayniqsa, oʻlimni orzu qilganlarni tinchitish — xayr-sahovat qilganday bir gap.
— Kim sizga meni baxtli deb aytdi! — norozilik bildirdi T. — Sizni kutaverib koʻzim teshildi-ku axir, mana...
— Nahotki, — oʻsmoqchiladi qotil. — Atigi ikki-uch oy oldin yalinib-yolvorib meni lafzdan qaytishga koʻndirmoqchi boʻldingiz, pora tiqib, oʻldirish huquqimdan meni mahrum qilmoqchi boʻldingiz...
— Nima ham derdim! Undan beri qancha suvlar oqib ketdi, endi hammasidan yuz oʻgirdim, hayot oʻzi menga ters, mavhum, mantiqsiz, chidab boʻlmaydigan darajada — bu hayot emas, daryoni boʻgʻib yotgan bir uyum xarsang. Xullas, men bugunoq, hoziroq jonimni olishingizni iltimos qilaman. Boʻling, qimirlang.
—Oʻ, birodar, oʻzingizni bosing: oʻtgan kuni oʻlgingiz kelgan edi, kecha yashagingiz kep qoldi, bugun yana oʻlishni istaysiz... Tushunmay qoldim!
— Biroq, sizning ishingiz meni oʻldirish, boshqasini qoʻyavering, haqqini olgandan keyin ishni bajaring-da! Boʻling, boʻla qoling, eshitayapsizmi?
— Toʻgʻri, talabingiz toʻgʻri. Biroq, qiziqda endi: yana ikki-uch oy oʻtib-oʻtmay hozirgiday yolvorib oʻtirmaysizmi, yashagingiz kep qolmaydimi?
— Qanaqa bezbetsiz! Balki shunday ham boʻlar. Biroq yashash ishtiyoqi baribir oʻlim xohishi bilan almashinadi... bu demak... Siz meni tushunayapsizmi? Hayot oʻlimni tan olmagan paytdagina mohiyat kasb etadi, aksincha, bular hammasi choʻpchak.
— Ha, endi bunday nuqtai nazardan qaraganda, albatta...
— Xullas, meningcha, istisnoga hojat yoʻq.
— Tagʻin baxtli boʻlib ketishingizga istisno tariqasida qarayapsizmi? Ishonch bilan aytamanki, siz nohaqsiz. Xayr, koʻrishguncha.

Shunday deb qotil gʻoyib boʻldi.

Haqiqatdan ham tez orada janob T.ning ishlari tagʻin yurishib ketdi. Albatta, ishqu muhabbat bobida emas, bu gal pul masalasida baxti chopdi, sabil pul deganlari ma’lum ma’noda sevgi-muhabbat oʻrnini bosishga qodir matoh-da!

Bir kuni ertalab koʻchada sandiraqlab yurib, janob T. birja binosi oldiga borib qoldi. «Qiziq, nechun bu birja binolari nuqul baland ustunli, mahobatli boʻladi-a, birjami yo qasri oliy, bilmaysan kishi (aslida birjaning qasrdan qaeri kam). Ammo mana bu binoga gap yoʻq, Ustunlariyam naqd ikki ming yillik! »;Janob T. birja boʻsagʻasidan hatlab ichkariga kirarkan, xayolidan faqat shu kechdi, xolos, boshqa hech nimani oʻylagani yoʻq: uni bu yerga biror-bir amaliy ish emas, balki shunchaki qiziquvchanlik yetaklab kelgan edi: u hatto (bir paytlar allaqanday dallolning ixtiyoriga topshirilgan va qisqa vaqtda bahosi tekinga aylangan) anchagina N. aktsiyasiga egaligini ham xotiraga keltirgani yoʻq.

Ichkari tirband edi. It egasini tanimaydi, olagʻovur, olomonning ustidagi tabloda aktsiyalar qiymatining koʻtarilib, tushib turgani har daqiqada qayd qilib turilibdi. Janob T.garchi iqtisod masalasida noʻnoqroq boʻlsa-da, tabloga bir qarab qoʻydi va shu nafas oʻzini kimdir zimdan kuzatayotganini payqadi. U ortiga oʻgirildi: yonginasida qora kiyim kiygan bir kimsa qaqqayib turar va janob T.ning nigohi qayoqqa qarayotganini ilgʻashga urinardi.
— Gʻalati-a, toʻgʻrimi?
— Hecham. Men, shunchaki, bekorchilikdan.
— Biroq yanglishmasam, siz tablodagi N.ga qaradingiz?
— N. deysizmi? — ovoz chiqarib takrorladi T. va oʻzining, garchi qiymati bir pul boʻlsa-da, aktsiyasi borligini, aktsiyasi tablodagi roʻyxatda qayd etilayotganini anglab qoldi.
— Demak, aktsiyangiz bor, toʻgʻrimi? — tirgʻaldi qora kiyimli nusxa, aftidan u tovlamachiga oʻxshab ketardi.
— Ha, ozroq boru, biroq undan sariq chaqalik naf yoʻq!
— Notoʻgʻri oʻylayapsiz, — pichirladi qora kiyimli. —Shu bugun N. aktsiyasi ancha oʻsadi, bir necha punkt yuqoriga koʻtariladi. Bizam, akasi, qirriqlardanmiz, gapimizga egalik qila olamiz, qolaversa, tepadagi ishlardanam xabarimiz bor.

T.ga baribir edi, u tepadan na yaxshilik va na yomonlik kutar, biroq hozir vaziyatning qulayligini toʻgʻri baholay oldi va ishonqiramay soʻradi:
— Siz mendan N.aktsiyasini sotib olishni xohlarmidingiz? (T.shoʻrlik qachondan beri bu dahmaza qogʻozlardan qutilishni orzu qilardi!)
— Hoziroq, shu yerning oʻzida olaman! Qanchaligidan qat’i nazar—million boʻlsayam!
— Menda buncha aktsiya yoʻq.
— Qancha bor?
— Ikki mingcha chiqar.
— Olaman.
— Naqd pulgami? — mingʻirladi T. oʻzining dadillashayotganidan yuragi uvishib.

Qora kiyimli shimining choʻntagidan chek daftarchasini sugʻurib olib, havoda silkilab dedi:
— Shoshmang. Oldin siz bahosini ayting, qancha?

U aqlni shoshirib qoʻyadigan raqamni aytdi... Endi faqat birjadagi dallolni topib, aktsiyalarni olish lozim edi, vassalom. Shunday qilib ish pishdi.

Ana endi janob T. nima boʻlayotganini hali fahmlab ulgurmay, boz ustiga, arzimas aktsiyasining narxi bir sakrab tom baravar oshib ketgani siri nimadaligini tushunmay turib, koʻz ochib yumguncha bir qop pulning tagida qoldiki, bundayin xushbaxt, bundayin koʻtarinki holatni izohlash va odam bolasining shunday lahzalarda koʻzi chaqnab, yashashga ishtiyoqi behad oshib-toshib ketishini aytib oʻtirish ortiqcha, deb oʻylaymiz.

Zero, yoʻqdan dunyo topib turganda oʻlishni, oʻlimni orzu qilish gʻirt ahmoqlikki, soyaday ta’qib etib yurgan qotilni ham buncha pul bilan qayta sotib olsayam, lafzidan qaytarsayam boʻlaveradi... «Biroq, qistaloqning ichida gʻujuri bor-da, u nokasni koʻndirish, harqalay oson boʻlmas-ov»;, deya xayolan ikkilandi T.

Xullas, janob T.ning boshi osmonda, oyogʻi yer iskamaydi, ammo bu qadar sururli kayfiyatning oxiri koʻpincha baxayr boʻlmasligini u hozir xayoliga keltirmaydi. Chunki T.ga boylik osmondan tushdi goʻyo, qolaversa, aktsiyalarning tuyqusdan narxi behad oshib ketgani T.ning aqlini shoshirib, hovliqtirib qoʻydiki, u oldi-sotdi ishlariga yoʻqligini ham unutib aktsiyabozlikka berilib ketdi.

Ilonga avralganday, janob T. aktsiyalar qiymatining goh koʻtarilib, goh tushib ketishiga gʻarqob boʻlib, bu sirli oʻyinning vasvasasiga uchib, kunlarning birida boru budidan ajrab, bozboyagiday mulla mirquruqqa aylandi-qoldi.

Bir qop pul shamolga sovrildi-ketdi! Shunaqa ham boʻlarkan-da! Mana, u yana noumid, dardiga hamdard yoʻq, gʻam-alamda qovrilib yolgʻiz oʻzi moʻriday shoʻppayib oʻtiribdi... «Yaxshiyamki, bir yillik muhlat poyoniga yetib qoldi, — oʻziga xayolan dalda berdi janob T., —qotil aldamaydi, u soʻzida turadigan yigitlardan»;.

Bir yillik muhlatning tugashiga esa bir oycha bor edi. Janob T. ana shu oxirgi bir oyni ne azob-uqubatlarda oʻtkazganini aytib oʻtirish bizning vazifamizga kirmaydi.

Mana, nihoyat, janob T. bilan yollangan qotil kelishishgan bir yillik muhlatning eng soʻnggi kuni ham yetib keldi, va’daga vafo qilib yollangan qotil ostonada paydo boʻldi.
— Bugun oxirgi kun, — deya koʻrinish berdi u.
— E, xudoga shukr-eyy, — qichqirib yubordi T. — Mana, men tayyor!

Qiziq, bu gapdan qotil sal dovdiraganday boʻldi.
— Ba’zi bir noaniqliklar bor, — chaynaldi u.
— Qanaqa?
— Siz... oʻzingizga buni aytganman... goh oʻlishni istab qolasiz, goh yashagingiz kep qoladi: sizniki naq bahor havosiday.
— Hali shunaqa deng! Unda menam eslatib qoʻyay: sizga baribir emasmi, farqi nima?
— Boshdayoq men oʻzimning mulohazalarimni aytib edim, — dedi norozilik bildirib qotil. — Misol uchun, agar sizni men siz aytgan, siz istagan paytda gumdon qilsam...
— ...Unda syurpriz boʻlmaydi — mehnatingizning gashtini surolmay qolasiz, shundaymi? Buni men tushunaman. Xoʻsh, baxtiyor yurgan kunlarimda meni oʻldirishingizga nima xalaqit berdi?

Haqiqatan ham bugun qotilning mashqi past edi, u javob qilish oʻrniga yaltirab turgan tuflisining ingichka tumshuqlariga termilib qoldi. Shu alpozda biroz kalovlanib turgan qotilning nihoyat bergan javobi T.ni hayratga soldi.
— Jur’at yetmadi.
— Nima? Sizga-ya, sizday odamga jur’at yetmadi...

Qotil janob T.ning hayajoni bosilsin deb biroz sukut saqlab turib, soʻng dedi:
— Ayb sanasangiz-da, tan olib aytishga majburman: sizni gumdon qilishga jur’atim yetmaydi.
— Yo xudo, nega bunaqa boʻlayapti oʻzi?
— Xullas kalom, bu ishni oʻylamay boʻynimga olgan ekanman, endi afsus qilayapman.
— Ochiqroq gapirishning iloji bormi?
— Rosti, bizning shartimizga koʻra, men sizning hayotingizdan doim xabardor boʻlib turishim kerak edi, doim sizni oʻylashim, sizning holatingizga kirishim lozim edi.
— Xoʻsh?
— Ey, aziz birodar, nahotki tushunmayotgan boʻlsangiz? Hayot, inson hayoti qanaqa boʻlishidan qat’i nazar... Yoʻq, ma’zur tutasiz, ochigʻi, bunaqa masalalarga aqlim yetavermaydi, men sababini tushuntirolmayman! Bu juda mushkul muammo, juda chalkash... Sezayapsizmi?
— Tasavvur qilingki, men hech narsani tushunmayapman. Axir, gap bunda emasku.
— Gap shunda, shunda. Har qanday ishning, hatto odam oʻldirishning ham tartib-qoidasi boʻladi. Boz ustiga bizning ishimizning ishkal joyi ham bor.
— Qanaqa ishkal?
— Biz siz bilan oʻxshashmiz, bir-birimizga oʻxshaymiz.
— Gap bu yoqda, deng! Gʻoyatda minnatdorman.
— Arzimaydi. Aytmoqchimanki, bir paytlar men oʻzim ham sizga oʻxshab ayollar va boshqa sabablar tufayli koʻp iztiroblar chekkanman. Keyin esa... yana soʻng tagʻin...
— Taqdir meni ham rosa siylagan: sevinchim qaygʻu bilan, alamim huzur-halovat bilan almashib turgan, demoqchisiz-da?
— Xuddi shunday, faqat farqimiz shuki, siz gapirib berganingizda juda raftor topib gapirasiz, meniki qovushmaydi... Shoirona gapirasiz, siz doston aytganday qilib aytasiz!

Janob T.ning nazarida bu nusxa gapni olib qochayotgan edi, (ayni damda oʻlish istagi) ham puchga chiqayotgandi. Biroq u oʻzini qoʻlga ola bildi.
— Endi bu she’ru shoirlik yetmay turgandi! Bas, gapdan ishga oʻtish kerak, lafzni bajaring.

Yollangan qotil boʻshang hiringladi.
— Ulguraman hali. Muhlat oqshom soat oʻn ikkida tugaydi.
— Mayli, sizningcha boʻla qolsin. Endi boring va qaytib kelganingizda xohlang xufyona, xohlang ochiqchasiga — ishni bitiring! Faqat iltimos, meni aldamang. Muhimi, bu — mening umrimdagi eng soʻnggi oqshom boʻlishi kerak!
— Chuchvarani xom sanabsiz! — zahrini sochdi yollangan qotil soʻz boyligining bor imkoniyatini ishga solib. — Menga desa muhlat qiyomat qoyimgacha choʻzilmaydimi, men sizni baribir oʻldirmayman.
— Qaysi jin urdi? Hazil ham evi bilan-da? Xoʻsh, bilsam boʻladimi: balki oʻzingiz aytarsiz, bu nimasi axir, lafz qani? Sizdan nima talab qilayotganimni juda yaxshi bilasiz-ku, men oʻlishni xohlayman, oʻlishim kerak, buni bir yildan beri mushtoq boʻlib kutayotganim oʻzingizga ma’lum... Xoʻsh?

Qotil koʻzini olib qochdi, chap qoʻlining bosh barmogʻi bilan moʻylovini bosib siladi. Soʻng mijozini ranjitib qoʻyishdan choʻchigan kosibga oʻxshab uzrli ohangda dedi:
— Boʻladigan gap shu: men sizga olti millionni qaytarib beraman, bu pul sizga ortiqchalik qilmaydi, qarabsizki, olam guliston, ana shunda...
— Yoʻq! — baqirdi janob T. va ovozini battar koʻtarib shovqin soldi: — Yoʻq! Yoʻq! Siz mening ustimdan kulayapsiz, meni haqorat qilayapsiz, ortiq chidayolmayman! Men oʻlishni istayman, oʻldirishingiz uchun sizga pul toʻladimmi, toʻladim. Endi meni tirik qoldirishingizga yoʻl qoʻyib boʻpman, qaytarib beradigan pulingizni boshingizga yostiq qiling! Menga kasbingizning obroʻsini roʻkach qilganingiz esingizdami? Ha, hurmatli yollangan qotil bilib qoʻying, mening ham kasbim bor, mendayam oʻz kasbimning obroʻsini oʻylaydigan fahm-farosat, vijdon bor: bu — oʻz joniga qasd qilish kasbi, oʻzini oʻz qoʻli bilan oʻldiruvchi — xudkushning obroʻsi, izzati, hatto aytish mumkinki...

Ana shu damda T. bilan yollangan qotil tuyqusdan bir-birlariga tikilib, sukut saqlab qarab qolishdi va... ikkalasi ham baravariga qah-qah otib, bor ovozda kulib yuborishdi.
— Ja, oldingiz lekin! — yollangan qotil changak boʻlib, oyogʻi bilan yer tepib xoxoladi. — Yoʻ... yoʻ... hatto xayolingizga keltira koʻrmang... xa-xa-xa, voy, ichagim uzilib ketdi-yov... zinhor yon bera koʻrmang...!
— Yana kimga, xa-xa-xa, kimga? — arang gapirdi T., kulgidan lavlagisi chiqib.
— Oʻzingizga, unga, ularga, hayotga!
— Undaymi, shundaymi? Kerakmasmi?... U holda qanday boʻladi?

Hayhot, bu savolga beriladigan javob koʻp majburiyat yuklardi, shu bois yollangan qotil javob qilmadi. U tuyqusdan kulgisini tiyib, odatdagiday, kerishib oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Sogʻ boʻling. Keyingi safargacha shu joyda toʻxtaymiz. Olti millionni men ertaga sizning joriy hisobingizga qoʻyib qoʻyaman. Xayr, yaxshi qoling!

T. birdan oʻziga kelib, yana bir nima deb e’tiroz bildirmoqchi boʻldi, biroq ularning suhbatiga soʻnggi nuqtani qotil qoʻydi:

— Sizni menmi yoki boshqa bir yollangan qotilmi — kim gumdon qilganining nima ahamiyati bor?!