OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifToshpoʻlat Rahmatullayev
Asar nomiInternet mas’uliyatsizlik makoni emas
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Toshpoʻlat Rahmatullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Internet mas’uliyatsizlik makoni emas
Toshpoʻlat Rahmatullayev

Yoxud tarmoqni huquqiy jihatdan boshqarish zarurati xususida

Internet tarmogʻida axborot tarqatishni huquqiy jihatdan tartibga solish masalasi butun dunyoda eng dolzarb muammolardan biriga aylangan. Bu yoʻnalishda faqat tarmoqning oʻzida bildirilayotgan mulohazalar yuzlab saytlardan joy olgan boʻlib, ularning hajmi qogʻozda chop etilgan taqdirda oʻn minglab sahifani tashkil etadi. Internetni tartibga solishga boʻlgan ehtiyoj, talab qanday paydo boʻldi, u nega bunchalik dolzarblik kasb etmoqda?

Internet vujudga kelib, axborot tizimi sifatida tarqala boshlangan dastlabki paytlarda tarmoq global xarakterga ega ekanligi, uni boshqaradigan yagona markaz yoʻqligi va boʻla olmasligi mutaxassislarda va foydalanuvchilarda uni boshqarishning hojati ham, imkoni ham yoʻq degan tasavvurni uygʻotgan edi. Tartibga solish uchun qilingan har qanday intilish yangi tizimni boʻgʻish, cheklab qoʻyish, axborot olish erkinligiga daxl etish sifatida talqin etilgan edi.

Lekin koʻp oʻtmay Internetda yolgʻon, tuhmat, ma’lum bir fuqaro shaxsini obroʻsizlantiruvchi axborotning koʻpayishi, mualliflik huquqini mensimaslik kabi holatlar tarmoqni tartibga solish zarurligini koʻrsatdi. Agar aniq choralar koʻrilmasa, yuzaga kelayotgan holat Internetning oʻziga ham salbiy ta’sir qilishi namoyon boʻlib qoldi. Masalan, tarmoqdagi axborotning haqqoniyligiga ishonmaydiganlar koʻpaydi. Oʻtgan yilning oxirida jahonning taraqqiy etgan 25ta mamlakatida oʻtkazilgan tadqiqot natijasiga koʻra Internet axborot manbai sifatida TV va radioga nisbatan oldinga oʻtib ketgan. Lekin, shu bilan birga, undagi axborotning haqqoniyligiga ishonuvchilar soni nisbatan kam. Bundaylar Yaponiyada soʻrovda qatnashganlarning 13, Germaniyada 25, Щvetsiyada 33, Xitoyda 58, Janubiy Koreyada 70 foizni tashkil etarkan.

Ana shunday boʻlgandan keyin Internetni huquqiy jihatdan tartibga solish nafaqat foydalanuvchilar uchun, balki tarmoqning tozaligi va yanada taraqqiy etishiga manfaatdor boʻlgan sayt egalari va provayderlar uchun ham muhimligi isbot talab etmaydi.

Internetning katta bir tarmoq va axborot manbai sifatidagi oʻziga xos xususiyati real hayotda oʻxshashi boʻlmagan maxsus xususiy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Ulardan biri tarmoqda mualliflik huquqini himoya qilish masalasidir. Ikkinchisi, elektron tijoratni tartibga solish muammosi. Bunga Internet orqali shartnoma tuzish, reklamaning haqqoniyligini ta’minlash, Internetdagi tadbirkorlikni soliqqa tortish masalalarini kiritish mumkin. Uchinchi muammo tovar belgilarini tarmoqda foydalanish bilan bogʻliq.

Toʻrtinchi huquqiy muammo provayderlar va sayt egalarining ular serverida mavjud axborot mazmuniga javobgarligini aniqlash masalasidir. Bu yerda shuni inobatga olish kerakki, qator mamlakatlarda bu yoʻnalishda qabul qilingan qonunu qarorlar faqat milliy xususiyatlardan kelib chiqqan boʻlib, Internetning umumjahon xarakterga ega ekanligi inobatga olinmagan. Beshinchisi, informatsion xavfsizlik, jumladan, kompyuter jinoyatchiligi masalasidir. Oltinchisi, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini hamda yuridik shaxslarning tuhmatu boʻhtonlardan himoya etish masalasi. Yettinchisi esa, shaxsga doir xususiy axborotning daxlsizligini ta’minlash, ya’ni shaxsiy hayot va xususiy xarakterdagi ma’lumotlarning sir saqlanishi masalasidir.

Internet jadal rivojlanib borayotgan mamlakatlarda huquq sohasida yangi ixtisos — Internet huquqi vujudga kelayotganligi uqtirilmoqda. Ukrainada yuridik xizmatlar bozorini oʻrganish maqsadida oʻtkazilgan tadqiqot natijasiga koʻra ushbu mamlakatda Internet huquqi mutaxassislariga talab umumiy talabdan oʻrtacha yoki yuqori darajada boʻlgan. Bu haqda ma’lumot bergan tadqiqotchi «shu bilan birga, haligacha Internet huquqi nima ekanligi, uning huquqiy tabiati nimada namoyon boʻlishi noma’lumligicha qolayotganligini» qayd etadi.

Ushbu yoʻnalishda xorijda amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish va keraklisini oʻzimizda ham joriy etish muhim vazifalardan biri boʻlib turibdi. Avstraliyada tarmoq orqali noqonuniy axborot tarqatilganligi uchun Internetda axborot mazmunini tartibga solishga qaratilgan qonunlar qabul qilingan edi. Germaniyada «Provayderlar javobgarligi toʻgʻrisida»gi qonun mavjud. Qator mamlakatlarda sohani tartibga solishga qaratilgan «Internetni himoya etish toʻgʻrisida», «Internetdagi shaxsiy axborotni himoya etish toʻgʻrisida» va boshqa qonunlar qabul qilingan.

Ayniqsa, Rossiyada Internet tarmogʻini huquqiy jihatdan tartibga solish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish biz uchun muhimdir. Bu yerda muammoning turli qirralari tadqiq etilgan kitoblar, koʻplab maqolalar chop etilgan, ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, bir nechta dissertatsiya ham himoya qilingan. Maxsus tashkil etilgan «Huquq va Internet» saytidan turli mazmun va yoʻnalishdagi tadqiqotlar oʻrin olgan va unda muntazam ravishda mavzuga bagʻishlangan internet-anjumanlar oʻtkazilib turiladi. Moskva davlat yuridik akademiyasi ta’sis etgan «Internetda Rossiya huquqi» elektron jurnali mavjud.

Mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yanada rivojlantirish hamda shu munosabat bilan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan huquqiy masalalarni tartibga solish uchun amaliy ishlar qilinmoqda. Bundan toʻrt yil oldin Oliy Majlisning Sanoat, qurilish, transport va aloqa qoʻmitasi qator xalqaro tashkilotlar bilan «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va qonunchilik» mavzusida davra suhbati oʻtkazgan edi. Unda AKT boʻyicha mavjud qonunchilik bazasi tahlil etilgan, qonunlarga oʻzgartirishlar kiritish, yangilarini ishlab chiqish va qabul qilish, eng asosiysi, Oʻzbekistonda axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish kontseptsiyasi tahlil etilgan edi.

Shuningdek, yurtimiz vakillari Moskvada boʻlib oʻtgan «Huquq va Internet» VI Xalqaro anjumanida hamda informatsion jamiyat masalalari boʻyicha Jenevada (2003) va Tunisda (2005) oʻtkazilgan xalqaro sammitlarda ishtirok etishdi.

Ayniqsa, keyingi yillarda AKTni yanada takomillashtirish va uning huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bunga eng avvalo Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish toʻgʻrisida»gi farmoni va shundan keyin qabul qilingan «Axborotlashtirish toʻgʻrisida», «Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida», «Elektron tijorat toʻgʻrisida», «Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida»gi qonunlar misol boʻla oladi.Oʻtgan yilning oʻzida ushbu qonunlarni hayotga tadbiq etishga qaratilgan qator qarorlar e’lon qilindi.

Mamlakatimizda kompyuterlashtirishni va axborot-kommunikatsiya texnologoyalarini rivojlanitirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat yurgizmoqda. Shuningdek, 2002 yildan «InfoCom.uz» axborot-tahliliy jurnali chiqib turibdi.

AKT sohasida kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytirildi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bir qancha yoʻnalishlar, jumladan, «Axborot xavfsizligi», «Elektron tijorat» yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Oʻtgan yili esa Samarqand, Fargʻona, Urganch, Nukus va Qarshi shaharlarida universitetning filiallari tashkil etildi.

Albatta, amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimizda AKTni taraqqiy etishiga asos boʻladi, uning xavfsizligini ta’minlaydi. Shu bilan birga, Internetning yuqorida sanab oʻtilgan oʻziga xos muammolarini hal etish yoʻlida qilinishi lozim boʻlgan vazifalarni aniq belgilab olish va ularni amalga oshirish zarur. Agar biz uchun elektron tijorat, reklama haqqoniyligi, tovar belgilaridan foydalanish muammolari erta-indin voqelikka aylanadigan boʻlsa, axborot xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar sha’ni va qadr-qimmatini himoya etish, xususiy axborotni daxlsiz boʻlishi kabilar allaqachon dolzarblik kasb etgan.

Hozirda Oʻzbekistonning oʻzida, ya’ni «.UZ» milliy domeni hududida roʻyxatga olingan internet-resurslar soni 6000ga yetgan. Bundan tashqari chet ellarda tashkil etilib, yurtimiz haqida axborot tarqatayotgan koʻplab saytlar mavjud. Ular ham yuqorida tilga olingan illatlardan xoli emas. Ularni huquqiy jihatdan tartibga solish yoʻllari qanday? Umuman, «Internetni tartibga solish yoki boshqarish» deganda nimalar tushuniladi va u qanday amalga oshiriladi? Bu masalalar chuqur oʻrganilishi va ularga aniqlik kiritilishi talab etiladi.

Ushbu muammo BMT diqqat markazida boʻlganligi ham uning global xarakterga ega ekanligidan dalolat beradi. Informatsion jamiyat boʻyicha xalqaro sammitning 2003 yilda Jenevada boʻlib oʻtgan yigʻilishida Internetni boshqarish boʻyicha ishchi guruhi tashkil etilgan edi. Uning asosiy vazifasi etib «Internet-Hukumat» masalasi boʻyicha ochiq munozaralar tashkil etish, «Internetni boshqarish» tushunchasi ta’rifini ishlab chiqish, Internetni boshqarishda hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, tadbirkorlar va jamoatchilikning roliga aniqlik kiritish belgilangan edi.

Ishchi guruhi tomonidan tashkil etilgan munozaralar davomida Internet faoliyati oʻz yechimini kutayotgan koʻplab texnik, huquqiy va axloqiy muammolar bilan bogʻliqligi tan olingandi. Ammo ularni hal etish uchun yagona bir mexanizm tuzmasdan, mavjud boshqaruv tizimidan foydalanish maqsadga muvofiq degan xulosa bildirildi. Vazifasini bajargan ishchi guruhi yaqinda oʻz oʻrnini yangi xalqaro tuzilma — Internetdan foydalanuvchilarni boshqarish masalalari boʻyicha forumga boʻshatib beradi. Yangi tashkilotni ta’sis etishga bagʻishlangan yigʻilish 16-17 fevralda BMTning Jenevadagi qarorgohida boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekistonda Internet shaxdam odimlar bilan kirib kelayotganligini inobatga olib, tarmoq bilan bogʻliq huquqiy muammolarni tartibga solish shu kunning talabiga aylanganligini uqtirmoq joiz. Aks holda, noqonuniy faoliyat nazorat qilib boʻlmaydigan darajada avj olishi va tuhmatu boʻhtonlar oqimi toʻxtatishi mumkin boʻlmagan sel kabi kuchayib ketishi mumkin. Bu esa odamlarda Internet tarmogʻida qonunga rioya qilmasa boʻlaverarkan, degan tushunchaning shakllanishiga olib keladi. Toʻgʻri-da, real hayotda jazolanishi muqarrar boʻlgan faoliyatni virtual olamda bemalol amalga oshirish mumkinligi odamni buzadi. Bunga misol tariqasida tarmoqda behisob pornografik saytlarning mavjudligi, shaxsni kamsituvchi, ochiqdan-ochiq haqoratdan iborat soʻzlarning ishlatilishi, reklamada mahsulotlarning kamchiligini yashirish, jamiyat uchun zararli axborotning joylashtirilishi (shu oʻrinda narkotik moddalarni tayyorlash, sotish, xarid qilish haqida ma’lumot beruvchi saytlar mavjudligini uqtirish oʻrinli) kabilarni koʻrsatish mumkin.

Internetdan foydalanuvchilar, provayderlar va sayt egalarining javobgarligi qonunchilikda belgilab qoʻyilishi lozim. Foydalanuvchilarni axborot bilan ta’minlashda provayderlar vositachi ekanligini inobatga olib, xorij qonunchiligida ular zimmasiga qator vazifalar yuklatilgan. Ayrim mamlakatlarda provayderlarga Internetda qonunlarga rioya qilinishi nazorat etish topshirilgan. Lekin bu ularga xohlagan saytini «yopib qoʻyish» yoki undagi axborotni «yoʻqotish» huquqini bermaydi. Bizda ham provayderlarning huquqiy maqomiga aniqlik kiritib, ularning huquqi, mas’uliyati va javobgarligi darajasini aniq belgilab qoʻyish vaqti keldi. Ana shu maqsadda «Internet xizmati koʻrsatishni huquqiy jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida» qonun qabul qilish mavridi kelganga oʻxshaydi.

Tarmoq zamon talabiga mos ravishda rivojlanishi uchun uni boshqarishda davlat iloji boricha kamroq ishtirok etishi kerakligi aksariyat mamlakatlarda tan olingan. Internetni boshqarish jarayonida uning huquqiy, axloqiy, texnikaviy va ijtimoiy jihatlarini inobatga olishga toʻgʻri keladi. Ularning har biri oʻziga xos yondoshuvni talab etadi. Shu bois Internetni bir joydan turib boshqarish yoki bu ishni bir tashkilot zimmasiga yuklatish koʻzlangan natija bermaydi. Umumjahon miqyosida bu muammoni hal etishga taklif tayyorlagan BMTning Ishchi guruhi quyidagi xulosaga kelgan edi: huquqiy va axloqiy muammolarni yechishni Ishchi guruhi oʻz zimmasiga oladi, texnikaviy masalalarning yechimini mavjud xalqaro tashkilotlar (ICANN va ITU) bajaradi, ijtimoiy muammolarni hal etish BMTning tegishli tuzilmalari va xalqaro gumanitar tashkilotlarga yuklatiladi.

Biz ham shu asosda ish tutishimiz mumkin. Chunki Internet umumjahon xarakterga ega ekanligi sababli uni huquqiy boshqarish barcha mamlakatlarda deyarli bir xilda amalga oshirilishini taqozo etadi. Faqat axloqiy masalalarda farq boʻlishi muqarar. Chunki «axloq» tushunchasi turli millatlarda turlicha talqin etiladi.

Muammolarning yechimiga kelganda, ularning xususiyatiga qarab, qaysi vazifani qanday tashkilot bajarishini puxta oʻylash zarur. Shunday yoʻl tutmoq lozimki, huquqiy cheklovlar sohaning erkin rivojlanishiga toʻsiq boʻlmasin, undagi sub’ektlar manfaatiga ziyon yetkazmasin. Dastlab qanday qilib Internetni boshqarishda mavjud qonunlardan foydalanish, nimalarni oʻzgartirish muhimligiga e’tibor qaratmoq zarur. Masalan, ommaviy axborot vositalari va aloqa tizimini tartibga soluvchi mavjud konunlarni Internetga nisbatan qoʻllaganda, yuzaga kelgan talablarga mos ravishda ularni qanday takomillashtirish kerakligini aniqlashga toʻgʻri keladi.

OAV qonunchiligiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish jarayonida quyidagilarni hisobga olish zarur, deb oʻylayman:
— qonunlarda, jumladan, «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida»gi qonunda barcha tushunchalarga ta’rif berib oʻtish; «ommaviy axborot vositasi» tushunchasiga ta’rif berganda Internet ommaviy axborot vositasi ekanligini qayd etish; «veb-sayt» tushunchasiga ta’rif berish; «ommaviy axborot vositasi mahsuloti» tushunchasiga ta’rif berib, jumladan, veb-saytni ham tilga olib oʻtish;
— Internetda ommaviy axborotni tarqatayotgan saytlarni ommaviy axborot vositalari sifatida roʻyxatga olishni yoʻlga qoʻyish va maxsus Nizom ishlab chiqish; roʻyxatdan oʻtgan Interent tarmogʻiga tegishli guvohnoma berish;
— OAV sifatida roʻyxatdan oʻtish ixtiyoriy boʻlganligi bois, roʻyxatdan oʻtgan saytlarni ragʻbatlantirish maqsadida ularga ommaviy axborot vositalari uchun belgilangan imtiyozlar daxldorligini nazarda tutish;
— roʻyxatdan oʻtgan internet-OAV jurnalistlariga qonunlarda belgilangan tartibda imtiyozdan tashqari majburiyat va mas’uliyat yuklatilishi bois «OAV toʻgʻrisida»gi qonunda «jurnalist» tushunchasiga ta’rif berganda, unga shtatda turuvchi tahririyat xodimi deb emas, balki ommaviy axborot vositasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida yoki uning topshirigʻi bilan materiallar toʻplash, ularni tahlil hamda tahrir qilish va tayyorlash bilan shugʻullanuvchi shaxs tushunilishini qayd etish.

Bulardan tashqari, yuristlar va huquqiy mavzuda qalam tebratayotgan tajribali jurnalistlarni Internet huquqi boʻyicha ixtisoslashuviga keng yoʻl ochish muhim vazifa sanaladi. Internetni xuquqiy jihatdan boshqarish mavzusi OAV diqqat markazida boʻlishi, unga bagʻishlab muntazam nazariy va ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari tashkil etib turish zarur.

Internetda jamiyatimizda mavjud ba’zi bir muammolarni bilib-bilmasdan koʻtarib chiqilishi, ayrim sohalardagi kamchiliklarni tanqid qilish bahonasida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga dahl qilish kabi holatlarning oldini olish maqsadida matbuotimiz, radio va televideniemizda real voqelikni bayon qilishdan qoʻrqmaslik, taraqqiyotimizga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni roʻy-rost koʻrsatish ham muhim.

Maqolamiz yakunida shuni uqtirmoqchi edikki, mutaxassislar Internet rivojlangan mamlakatlarda oʻziga xos ijtimoiy qatlam — tarmoq hamjamiyati shakllanganligini ta’kidlashmoqda. Dunyoda Internetdan foydalanuvchilar soni 600 million atrofida boʻlsa, ularning aksariyati oʻzini oʻziga xos ijtimoiy axborot muhitining ajralmas qismi sifatida his etadi. Bizning ham bu voqelikdan chetda qolmasligimiz turgan gap.