OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifToshpoʻlat Rahmatullayev
Asar nomiInternet ommaviy axborot vositasimi?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Toshpoʻlat Rahmatullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Internet ommaviy axborot vositasimi?
Toshpoʻlat Rahmatullayev

Mamlakatimizda Internet yildan-yilga ommalashayotganligini inobatga oladigan boʻlsak, yuqoridagi va ularga oʻxshash koʻplab savollarga javob topish muhimligi oʻz-oʻzidan ravshandir.Butun bir Internetni toʻlasincha OAV qatoriga kiritish toʻgʻri emas. Chunki Internet markazlashgan yagona axborot vositasi boʻlmasdan, turli xildagi, shu jumladan, ommaviy axborot vositasi vazifasiga ega tuzilmalarni ham oʻz ichiga oluvchi muhitdir.Internetda maqsadi faqat axborot, aniqrogʻi ijtimoiy ahamiyatga molik axborot tarqatish boʻlmagan saytlar ham mavjud. Bular — turli mahsulot va xizmatlar taklif qiluvchi tijorat yoʻnalishidagi saytlar, tarmoqda axborot izlashga yordamlashuvchi qidiruv tizimlari, elektron kutubxonalar va boshqalar.

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida»gi Qonunida «gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, axborot agentliklari, televidenie (kabelli, efir-kabelli televidenie) va radio eshittirishlar, hujjatli kino, elektron axborot tizimi, shuningdek, doimiy nomga ega boʻlgan, davlat tasarrufidagi, mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar ommaviy axborot vositalaridir», deb belgilangan. Koʻrinib turganidek, nomi tilga olingan axborot vositalaridan boshqalari uchun Qonunda asosiy mezonlar doimiy nomga ega boʻlmoqlik, davriylik va ommaviylikdir. Internetda esa ushbu tushunchalar oʻziga xosligi bilan ajralib turadi.

Gazetaning bir haftada necha marta chiqishiga qarab, uning davriyligini bilish mumkin. Lekin veb-saytda bunday davriylik boʻlmaydi, chunki ma’lum muddat orasida veb-sayt toʻlasincha yangilanmaydi. Faqat uning materiallaridan bir qismi yangilanib turiladi. Shu sababli bu yerda davriylik oʻrniga boshqa tushuncha — axborotni yangilash muddatini kiritish mumkin. Bunda albatta, qanday qoʻlamda va qaysi muddat ichida materiallarni yangilash masalasiga aniqlik kiritish zarur. Chunki oylar davomida yangilanmaydigan saytni OAV qatoriga qoʻshib boʻlmaydi. Ommaviylik tushunchasiga kelsak, u biroz mavhumroq ekanligini tan olish kerak.

Ommaviy deb hisoblash uchun gazeta tiraji qancha boʻlmogʻi lozim? Bizda 200 mingta chiqayotgan gazeta ham, 2 mingta chop etilayotgani ham bor. Ayrim viloyat yo tuman gazetalarining adadini gapirmasa ham boʻladi. Ularga qaraganda ba’zi veb-saytlarning muxlisi ancha koʻproq. OAV texnologiyalari sohasi mutaxassislarining ayrimlari Internetning keng tarqalishi an’anaviy OAVning mavqeini susaytirdi, degan fikr bildirishmoqda. Aksariyat mualliflar esa bu fikrga qoʻshilmasdan, Internet gazeta radio, TVni siqib chiqarmasdan oʻz oʻrnini topib olmoqda, deyishmoqda.Bu borada boshqacha fikr ham mavjud. Unga koʻra matbuot va Internet bir-biriga raqobatchi boʻlmasdan, oʻzaro hamkorlik yoʻllarini axtarishi kerak. Masalaning muhim tomoni shundaki, Internet-gazeta egalari 3-4 yildan soʻng ularning nashrlari qanday koʻrinishga ega boʻlishini tasavvur ham qilisholmaydi. Chunki internet-gazeta OAVning boshqa turlariga qaraganda koʻproq yuqori texnologiyalar taraqqiyoti bilan bogʻliq.

Shu kunlardagi internet-gazeta oʻzining qogʻozda chop etilayotgan «akasi»ga oʻxshagan, erta-indin esa yuqori texnologiyalar veb-materiallarni ovoz bilan hamda mitti veb-kameralar orqali videotasvirlarni ham qoʻshib uzatish imkoniyatini kengaytiradi. Toʻgʻri, ovoz va tasvir Internet orqali hozir ham uzatilmoqda. Lekin hozircha ular tom ma’nodagi internet-OAVga asos boʻla olgani yoʻq. Internet-OAV faqat axborot yetkazish bilan cheklanmasdan, kommunikatsiya oʻrnatishga, ya’ni axborot oluvchining fikrini oʻsha zahotiyoq bilishga va shunga qarab material mazmuniga oʻzgartirish kiritishga imkon yaratdi.Internet-jurnalistika matbuot , radio va TV bilan birgalikda jamiyatning informatsion siyosatini belgilaydi. Uning rivojlanishi OAVning boshqa turlari bilan oʻzaro aloqadorlikda amalga oshiriladi. Internetning paydo boʻlishi bilan ommaviy axborotni tayyorlash va yetkazish sharoitlari oʻzgardi. Birinchidan, ommaviy axborotni tayyorlash faqat professional jurnalistlar jamoasiga xoslik xususiyatini yoʻqotdi. Ikkinchidan, ommaviy axborot bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlgan ikkita qismga ajraldi. Ulardan biri axborot uzatish, ikkinchisi uni qabul qilib olib, oʻsha zahoti javob bera oladigan qismidir.

Shunday qilib, ommaviy axborot ommaviy kommunikatsiyaga aylandi. Uchinchidan, axborot gipermatn tuzilishini oldi. Ya’ni bir matnni oʻqib turib, uning mavzusiga yaqin boʻlgan boshqa matnlarga oʻtish imkoniyati tugʻildi. Ma’lum bir mavzu boʻyicha material izlagan odam Internetdan koʻplab boshqa materiallar bilan tanishishi mumkin.Shu oʻrinda yana ta’kidlash joizki, Internet an’anaviy OAVga nisbatan qator ustunliklarga ega. Internet: — bir yoʻla matn, tasvir va ovozni birlashtirib yetkazish imkoniyatiga ega;— har qanday kerakli axborotni alohida shaxs yoki bir guruh shaxslarga bevosita yetkazishi mumkin. Natijada oʻquvchilarning ehtiyoji va xohishini inobatga olish imkoniyati tugʻiladi;— interaktivlik xususiyatiga ega. Ya’ni u an’anaviy OAV singari monolog emas, balki diolog tarzida ishlaydi.

Xohlagan kishi Internet xabariga oʻsha zahotiyoq oʻz munosabatini bildirishi mumkin;— axborotni tezlik bilan yetkazish imkoniyatini yaratdi.Gʻarb tadqiqotchilaridan Marshal Maklyuen «Vositaning oʻzi xabardir» nomli kitobida zamonamiz vositasi (yoki texnologik jarayoni) boʻlgan elektron texnika ijtimoiy oʻzaro bogʻliqlikka yangi shakl berishini hamda u va shaxsiy hayotimizning har bir jabhasini oʻzgartirishini ta’kidlagan edi. U elektr bilan «oʻrab olingan» yer kurrasi qishloqdan katta emas, degan edi. Uning bu soʻzlariga asoslanib, mutaxassislar Maklyuen global qishloq gʻoyasini bildirgan edi, deb ta’kidlashmoqda. Internet aniq bir huquqiy makonda faoliyat yurgizmaydi. Unga xizmat qiluvchilar, ya’ni uni texnik jihatdan ta’minlovchilardan tortib mualliflaru foydalanuvchilargacha turli mamlakatlardagi tegishli qonunlar sub’ektlari hisoblanishadi. Internetda berilayotgan materiallarni noqonuniy yoki zararli mazmuni turli davlatlarda turlicha talqin etiladi.

Mazmunning zararliligi har bir mamlakat an’analaridan kelib chiqqan holda baholansa, noqonuniyligi mavjud qonunchilik asosida belgilanadi. Ayrim mamlakatlarda provayderlar oʻzini-oʻzi cheklovchi vositalar joriy qilishgan edi. Masalan, Buyuk Britaniyada sanoatchilar tashabbusi bilan Axloq kodeksi qabul qilindi. Bir qator davlatlar qonunchiligi agar provayder berilayotgan materialning noqonuniyligidan xabar topsa, tegishli chora koʻrishi zarurligini belgilab qoʻygan. Kanada provayderlari uyushmasi Kodeksida uyushma a’zolariga huquqiy mezonlarga amal qilishni oʻrgatish, ular tomonidan noqonuniy mazmundagi materiallarni tarqatmaslik, foydalanuvchilarning materiallar mazmuni haqida bildirgan har qanday fikrini inobatga olish belgilangan. Frantsiyada oʻsha vaqtlardayoq rasmiy Internet Xartiyasi sayti tashkil etilgan edi. Unda Internetda axborot joylashtiruvchilar va ulardan foydalanuvchilarning ixtiyoriy majburiyatlari tamoyillari belgilab qoʻyilgan.

Rossiya Federatsiyasining «OAV toʻgʻrisida»gi qonunida Internet haqida alohida soʻz yuritilmagan. Ammo Qonun moddalarini tahlil qilgan mutaxassislar Internet nashrlarining qaysi holatda OAVga kiritish belgilab qoʻyilganligini uqtirishmoqda. Qonunning 2-moddasi boʻyicha ommaviy axborot vositasi deganda, davriy matbuot nashri, radio va tele- hamda video dasturlar, kinoxronika dasturi, ommaviy axborotning davriy tarqatiladigan oʻzgacha shakli tushuniladi. Ommaviy axborot deganda cheklanmagan shaxslar doirasiga atalgan bosma, audio, audio-vizual hamda oʻzgacha xabar va materiallar anglaniladi. Qonunda ommaviy axborotga berilgan ta’rif veb-saytlardagi xabarlarga toʻla taalluqlidir. Chunki ularning materiallari cheklanmagan shaxslar doirasiga moʻljallangan. Veb-saytning oʻzi esa ommaviy axborot vositasi sifatida tan olinishi lozim, chunki u ommaviy axborotni davriy tarqatadi. Lekin, shu bilan birga, sayt na bosma, na teleradio uzatish tarmogʻiga kiradi. U «OAV toʻgʻrisida»gi Qonunning 24-moddasida belgilangan oʻzgacha ommaviy axborot vositasi degan guruhga taalluqli. Qonun boʻyicha veb-saytni tashkil etib, unga xizmat qilayotgalarni OAV tahririyati sifatida, serverning mazmuniga mas’ul boʻlgan shaxsni bosh muharrir sifatida tan olish mumkin. Ammo sayt xodimlarini jurnalistlar qatoriga kiritib boʻlmaydi. Chunki Rossiya qonuni boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan OAVda faoliyat yurgizayotgan shaxs jurnalist sanaladi. Rossiya saytlarining sanoqlisigina OAV sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Ommaviy axborot vositasi toʻgʻrisidagi Rossiya qonunchiligi OAV sifatida roʻyxatdan oʻtgan saytlargagina tegishli. Roʻyxatdan oʻtgan saytning jurnalisti qonunlarda belgilangan barcha huquqlardan foydalanish imkoniyatiga ega. Veb-saytga mamlakatdan tashqarida asos solish mumkinligi yangi bir huquqiy muammoni keltirib chiqarmoqda. Bu xalqaro huquq normalarini ham inobatga olishni talab etadi. «OAV toʻgʻrisida»gi qonun nafaqat mamlakat ichidagi saytlarga, balki Rossiya fuqarolari kirib oʻqishi mumkin boʻlgan saytlarga ham daxldor. Rossiya fuqarolariga xorijiy saytlarga kirish kafolatlanganligi sababli, barcha saytlarga Rossiya Federatsiyasi qonunchiligini qoʻllash mumkinligini mutaxassislar uqtirishmoqda. Rossiyada Internet tarmogʻidagi ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatiga olish hakidagi Nizom mavjud. Roʻyxatdan oʻtgan OAVga tegishli guvohnoma beriladi.Qozogʻiston Respublikasi «OAV toʻgʻrisida»gi Qonunning 1-moddasida Internet ommaviy axborot vositasi qatoriga kiritilgan, saytlarda joylashtirilgan axborot esa ommaviy axborot vositasi mahsuloti deb tan olingan.

Qonunning «Ommaviy axborot vositalari hisobga olish» deb atalgan 10-moddasida veb-saytlardan tashqari barcha OAV roʻyxatga olinishi zarurligi uqtirilgan. Ozarboyjon Respublikasining «OAV toʻgʻrisida»gi Qonunining 3-moddasida Internet ommaviy axborot vositasi ekanligi qayd etilgan. Qonunning «Ommaviy axborot vositasini ta’sis etish» degan 14-moddasi boʻyicha bosma nashrlarni ta’sis etish uchun davlat organlarining ruxsati talab etilmaydi. Hamdoʻstlikning boshqa davlatlari va Boltiqboʻyi mamlakatlarining ommaviy axborot vositalariga oid qonunlarida Internet haqida alohida soʻz yuritilmagan. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda qabul qilinishi koʻzda tutilayotgan OAVga oid qonun hujjatlarida tegishli oʻzgarishlar, qoʻshimchalar kiritish zarurligi ayon boʻlib turibdi.Hozirgi kunda Oʻzbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 855 ming kishini tashkil etadi. Keyingi bir yil davomida foydalanuvchilar sonining uchdan bir hissaga oshganligi, yuqoridagi koʻrsatkich yaqin yillar ichida bir necha marotabaga koʻpayishidan dalolat berib turibdi. Bunga hukumatimizning kompyuter va boshqa texnika vositalari va butlovchi qismlarning importi uchun oʻrnatgan imtiyozi ijobiy ta’sir etganligini ta’kidlash joiz. Ana shunday sharoitda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan holatlarning qonuniyligini ta’minlash uchun qator masalalarni hal etish talab etiladi.