OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifToshpoʻlat Rahmatullayev
Asar nomiSamarqandning yoshidan shubhalanmang!
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Toshpoʻlat Rahmatullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Samarqandning yoshidan shubhalanmang!
Toshpoʻlat Rahmatullayev

Tarixiy kashfiyotlar har qanday oʻzgartirishlar kiritishi mumkin

Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlash boʻyicha davlatimiz rahbarining qarori e’lon qilingandan soʻng uch kun oʻtib, internet-nashrlardan biri istehzoli xabar e’lon qilgan edi. Xabarda bundan 36 yil oldin Samarqandning 2500 yilligi qayd etilganligi, oʻshanda «kelib chiqishi oʻzbek boʻlgan sovet olimlari shaharning ana shu moʻ’tabar yoshini isbotlashganligi» uqtiriladi. Oʻz istehzosini davom ettirib muallif: «Balki oʻn yil oʻtgach, vatanparvarlik kayfiyatidagi tarixchilarning boshqa avlodi YUNESKOga Samarqandning 3000 yilligini tasdiqlovchi yangi dalillar taklif etishar», der ekan, shunday xulosa bildiradi: «Albatta, ushbu tantanali sanani ham nishonlashadi, albatta, uni YUNESKO qoʻllab-quvvatlaydi».

Toʻgʻri, 1970 yilda Samarqandning 25 asrlik toʻyi nishonlangan edi. Kelgusi yili shaharning 2750 yilligi tantana qilinishi ham ayni haqiqat. Xoʻsh, oʻtgan davr ichida Samarqandning «birdaniga» ikki yuz ellik yilga «qarishi» zamirida qanday hikmat yotibdi? Bu yoshni tasdiqlovchi aniq dalillar bormi yoki YUNESKOdek nufuzli xalqaro tashkilot «vatanparvarlik hissi bilan toʻlib toshgan» oʻzbek olimlarining ra’yiga qarab, yubiley sanasi haqidagi qarorini chiqardimi?

Shaharning 2500 yilligini «kelib chiqishi oʻzbek boʻlgan sovet olimlari» isbotlaganligini ta’kidlayotganlar aslida ilmiy kashfiyot boʻlgan bu faktni kamsitishga urinishmoqchi. Bu xolislik da’vosida boʻlganlarga yarashmaydi.

Keling, hissiyotga berilmasdan, aniq dalil va raqamlarga tayangan holda Samarqand tarixining ilk bosqichiga oid masalalarga oydinlik kirituvchi jihatlarini xolisona koʻrib chiqaylik.

Samarqandning moʻ’tabar yoshini tasdiqlovchi dalil-ashyolarni dastlab arxeolog Aleksandr Ivanovich Terenojkin topgan edi. U 1946-1948 yillarda Afrosiyob shahar xarobasida olib borgan qazishmalari davomida miloddan avvalgi VI-IV asrlarga tegishli boʻlgan topilmalarni qoʻlga kiritgan edi. Ana shu ashyolar ichida Ahamoniylarga tegishli boʻlgan muhr ham bor edi.

Shundan soʻng olimlar birdaniga bong urib, 25 asrlik sana xususida gap-soʻz boshlashgan emas. Dalillar puxta oʻrganilib, har tomonlama tahlil qilindi. Oʻtgan asrning 60-yillarida arxeologlar Galina Shishkina, akademik Yahyo Gʻulomov va boshqalar oʻz ilmiy maqolalarida Samarqand kamida 2500 yil oldin vujudga kelganligini isbotlovchi dalillar mavjudligini bayon qilishgandi. Olimlarimizning bu mulohazalari jahon ilmiy markazlarida, turli ilmiy anjumanlarda keng muhokama qilindi. Yuqoridagi xulosa xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan tasdiqlangach, kerakli hujjatlar belgilangan tartibda YUNESKOga taqdim etildi. U yogʻi sizga ma’lum, aziz oʻquvchi: shahar yubileyi katta tantana bilan qayd etildi.

Samarqandning 2500 yillik yoshi tarix va arxeologiya fanlarining oʻsha davrdagi imkoniyatlari va saviyasi koʻrsatkichi edi. Ammo ilm-fan doimo rivojlanishda, yangi texnika va texnologiyalar barcha jabhalarda ixtirolarga olib kelmoqda. Qadimiy shahrimizning yoshiga 250 yil «qoʻshilganligi» ana shu izlanishlar oqibati boʻlib, keyingi yillarning ilmiy darajasini belgilaydi. Shahar 2750 yoshida ekanligi haqidagi dalillarni jahon ilmiy jamoatchiligi koʻzini shamgʻalat qilgan mahalliy olimlar YuNYeSKOga yuborishgan, deb oʻylash oʻta bema’nilikdir.

Bundan 18 yil oldin Oʻzbekiston-Frantsiya qoʻshma arxeologiya ekspeditsiyasi tashkil etilib, oʻshandan beri u Afrosiyobda qazishmalar olib bormoqda. Aynan ana shu tadqiqotlar davomida Samarqand Ahamoniylar davrida emas, undan ancha avval paydo boʻlganligini tasdiqlovchi yangi ashyoviy dalillar qoʻlga kiritildi. Ular nimalardan iborat?

Ushbu savol bilan qoʻshma arxeologiya ekspeditsiyasining Oʻzbekiston tomonidan rahbari tarix fanlari doktori Muhammadjon Isomiddinovga murojaat qildim. Olim savolga batafsil javob qaytarib, kaminani shu kunlarda ilmiy izlanishlarni davom ettirish uchun yurtimizga kelgan ekspeditsiyaning Frantsiya tomonidan rahbari professor Frants Grene bilan tanishtirdi. Ularning fikrini toʻlaligicha bu yerda takrorlashga imkon ham, hojat ham yoʻq. Shuni aytish kifoyaki, Afrosiyobda olib borilgan tadqiqotlarning ayrim jihatlarini tahlil qilgan Muhammadjon aka Samarqandda shahar madaniyati shakllanishiga bagʻishlangan katta monografiya nashr ettirgan. «Vatanparvarlik kayfiyatidagi tarixchilarning boshqa avlodi» ishiga shubha bilan qarayotganlarga ushbu kitobni oʻqib chiqishni tavsiya etgan boʻlardim. Monografiya ular tushunadigan tilda, ya’ni rus tilida 2002 yili «Istoki gorodskoy kulturы Samarkandskogo Sogda» nomi bilan chop etilgan.

Samarqandning moʻ’tabar yoshini tasdiqlovchi ashyoviy dalillar qatoriga kiruvchi sopol idish parchalari, guvalaksimon gʻishtlar va yaxlit, ya’ni monolit usulida qurilgan devorni misol keltirsh mumkin.

Agar Ahamoniylar davrida shahar devori uzunligi 50-55, eni 28-32, qalinligi 8-10 santimetrli gʻishtlardan qurilgan boʻlsa, undan oldingi davrda guvalaksimon gʻishtlar ishlatilgan. Devorning oʻzi ham davriga qarab oʻzgarib borgan. Miloddan avvalgi VI-IV asrlardagi devorni olimlarimiz «yoʻlak-galereya tizimi» deb atashadi. Bunday devorning kengligi 2-2,5 metr boʻlgan. Arxeologlar Afrosiyobda shahar mudofaa devori dastlab guvalaksimon gʻishtlardan yaxlit (monolit) shaklda qalinligi 7-8 metr qilib qurilganligiga guvoh boʻlishdi. «Devor ostida topilgan sopol parchalari miloddan avvalgi XII-VIII asrlarda tarqalgan madaniyatga xos», — deydi Muhammadjon aka.

Afrosiyob mudofaa devori va unda ishlatilgan gʻishtning qaysi davrga tegishli ekanligini, umuman, Samarqand yoshini aniqlashda Koʻktepa topilmalari muhim oʻrin tutadi. Bu haqda Frants Grene shunday deydi: «Koʻktepada madaniy qatlam Afrosiyobga nisbatan yaxshi saqlangan. Chunki Koʻktepada hayot nisbatan qisqa vaqt davom etgan. Odamlar uni tashlab ketgandan soʻng ilk qatlamlari buzilmay qolgan. Shu sababli bu yerdagi topilmalar qiyosiy tahlil etilganda, Samarqandning ilk tarixiga doir koʻpgina savollarga javob topish imkonini beradi».

Shu sababli bu yilgi mavsumdagi qazishmalar qoʻshma ekspeditsiya tomonidan ham Afrosiyobda, ham Samarqand yaqinida joylashgan Koʻktepada olib borildi. Uning natijalari kutilganidan ham ziyoda boʻldi. M. Isomiddinovning aytishicha, bu yerdan bundan 3500 yil oldingi davrga tegishli topilmalar qoʻlga kiritildi. Agar kelgusida xuddi shunday ashyolar Afrosiyobda ham topilsa, ajab emaski, Samarqandning yoshi yana uzaysa. Buni ilm-fanning rivojlanishi natijasi deb baholash kerak boʻladi. Kashfiyotni qaysi millatga mansub olim amalga oshirganligidan qat’i nazar, u umumjahon mulkiga aylanadi. Shu sababli qalbida kiri boʻlmagan, xolislikni ilm-fanning yagona mezoni deb hisoblaydiganlar Samarqandga butun insoniyatga tegishli boʻlgan jahon tamadduni markazi sifatida baho berishadi-da!