OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTurgʻun Poʻlat
Asar nomiAyollar isyoni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Turgʻun Poʻlat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayollar isyoni (hikoya)
Turgʻun Poʻlat

Sarlavhani koʻrib, obbo, hammayoqni agʻdar-toʻntar qilib yuborgan biron tarixiy voqea xususida ilmiy risola yozmoqchi boʻlibdi-da, deb choʻchigandirsiz. Yoʻq, unaqa emas. Bunday jiddiy narsalarni qalamga olishga toqat qayoqda deysiz! Toqat topilganda ham, ilm bobida, haligidek, bir oz noʻnoqroqmiz... Shuning uchun...

Keling, oʻzimizning idorada boʻlib oʻtgan bir hodisani bilganimcha hikoya qilib bera qolay.

Oʻtgan yili idoramizdagi hamma erkaklar pul yigʻishib, Gʻalaba bayramini bahamjihat oʻtkazadigan boʻldik. Surishtirib koʻrsak, oʻzimiz ham yigirmatacha bor ekanmiz. Kishi boshiga uch soʻmdan soliq soldik. Butun kerakli masalliqni, ichimlik, qozon-tovoqni, gilam-koʻrpachalarni boshliqning mashinasiga ortib, dalaga chiqib ketdik. Shaharda yuraverib, ancha zang bosib qolgan ekanmiz deng, qirlarda ochilgan lolalardek gulgun yashnab qaytdik.

Ammo-lekin boshda bir ishni xom qilib qoʻygan ekanmiz-da. Gʻalaba bayramini nishonlaymiz, deganda nuqul erkaklarni oʻylab, familiyasi «v» harfi bilan tugaydigan odamlarni surishtirmay-netmay roʻyxatga tirkayveribmizu, idoramizdagi xotin-qizlar paqqos esimizdan koʻtarilib qolibdi. Shu yerga kelganda, ogʻzingizning tanobi qochib, «...boy-feodallarcha munosabat», deb yuborishingizga sal qolayotganini sezib turibman. Bunaqa gaplar bizga sirachlab qoʻysangiz ham yopishmaydi. Hech bir yerda xotin-qizlar bizning idoradagiday izzat-ikromda emas. Boshligʻimizning «oʻng qoʻli» kim? Nafisaxon. Biz boshliq bilan hafta oʻtib yo koʻrishamiz, koʻrishmaymizu Nafisaxon boʻlsa, uning oldiga kuniga yuz marta, boringki, ming marta kirib-chiqadi. Boshliq u yil bilan bu yilning oʻrtasida bizning qoʻlimizdan bir piyola choy ichib qoʻysa, xuddi qizi ToshMIga kirgan odamday boshimiz osmonga yetib yuradi. Vaholanki, u Nafisaxonning qoʻlidan har kuni oʻn bor choy ichsa ham, qizi tushmagurning parvoyi falak. Xoʻsh, idoramizning daromad-buromadi kimning ixtiyorida?— Xotin-qizlarning. Nega desangiz, bosh hisobchi Ahmad akani qoʻshmaganda, hisobchilarimizning hammasi xotin-qizlardan. Ahmad aka ularga shunaqayam ishonadi, ularni shunaqayam hurmatlaydiki, hujjatlarga imzo chekishdan boshqa hamma ishni shularning oʻziga topshirib qoʻygan. Mestkomning ishini yoʻlga solayotgan kim?— muhtaram Qumri opamiz. Olimjon nomigagina mestkomga rais, xolos. Aslida butun ish Qumri opada. A’zolik badalini yigʻadigan ham, kasaba soyuz biletlariga marka yopishtiradigan ham, stantsiyadagi ombordan koʻmir, kolxozdan kartoshka, obkom soyuzdan yoʻllanma undirib keladigan ham Qumri opaning oʻzi!

Qolaversa, kutubxonaday bilim xazinasining kalitini ham Nuri opaning qoʻllariga berib qoʻyganmiz. Aytgancha, Nuri opani sizga tanishtirmadim-a? U kishi idoramizning ustunlaridan. Idora tashkil boʻlishi bilanoq ishga kirishganlar. Oʻzlari gap orasida: «Shu bilan yigirma sakkizta boshliq koʻrdim», deydilarki, bunga ishonmasdan boʻlmaydi. Nuri opaning tahsinga loyiq fazilatlari inchunin ziyoda. Oʻz tasarruflaridagi kitoblarning barini oʻqib, ichidagi gaplarni kichkinagina kallalariga jo qilib olganlar desak, lof emas. Biron xodim biron masalada qiynalib, biron kitobni topmoqchi boʻlsa, tokchalarni titib ovora boʻlmaydi. Nuri opaga aytsa, u kishining oʻzlari yo yuqori, yoki past tokchadan kerakli kitobni bir zumda topib beradilar.

Nuri opaning yana bir fazilatlari — saylash va saylanishni yaxshi koʻradilar. U kishiga osh bermang, non bermang, mestkomgami, DOSAAFgami, sport jamiyatigami — ishqilib, idoraga daxli boʻlgan yoki boʻlmagan har qanday tashkilotga saylab qoʻysangiz, bas. Idoradagi hech bir katta-kichik marosim, majlis, ma’raka opamizning ishtirokisiz oʻtmaydi.

«Idoradagi erkaklar pul yigʻishib, Gʻalaba kunini qirda bayram qilishipti», degan xabar qayoqdandir Nuri opaning quloqlariga yetib qolibdi-da! Ana shunda boʻldi tomosha, boʻldi tomosha! Majlis ustiga majlis. Tekshirish ustiga tekshirish! Yozuvxonaga kirsangiz, mashinistkalar labini teskari buradi. Hisobchi qizlarga salom berishga zorsiz, bari qoshini chimirib oʻtadi. Hamma gʻalvani Nuri opa boshladilar: «Xoʻsh, nega endi Gʻalaba bayrami faqat erkaklarniki boʻlar ekan? Biz ayollar gʻalabaga hissa qoʻshmabmizmi? Fidokorona mehnatimiz bilan front orqasini mustahkamlamabmizmi? Yoʻq, buning tagida boshqa qaltis gap bor. Bu masalani shundoq qoʻyish yaramaydi» deb, bizning boshimizga rosa malomat yogʻdirdilar. Xotin-qizlarimizning har biriga yakka-yakka uchrab ham, kollektiv majlisida ham tavba-tazarru qilib koʻrdik, boʻlmadi. Nuri opa «aybdorlarga jazo berilsin!» deb turib oldilar. Oxiri mestkom majlisida shu marosim tashkilotchisi boʻlmish kaminaga bir dona qurtdek hayfsan berildi-yu, ayollarimizning koʻngli sal taskin topganday boʻldi. Lekin Nuri opa taskin topganlari yoʻq. «Shu sarqit yigitni haydash kerak edi!» deb ovoz berishda betaraf qoldilar...

Bahorda kurtak yozgan yaproklar kuz kelib xazon boʻldi, qor yogʻib, izlar bosildi, mana mart oyi ham yetib keldi. Bir kuni kechga yaqin idoramizdagi ayollar hammalari kutubxonani ichidan bekitib olishdi. «Oʻzi nima gap? Boshimizda chaqilmagan danakdan yana qolgan ekanmi?»— deb hammamizning yuragimiz taka-puka...

Kutubxonadagi «maxfiy kengash»ning tafsilotini ertasiga shofyorimiz Valixondan eshitdik. Valixon Zamira ismli laborant qizga koʻngil qoʻygan. Shu bahorgacha toʻylari boʻladigan. Oʻsha kuni ikkovlari kinoga tushishgan ekan. Oshiq-ma’shuqlar oʻrtasida sir yotmaydi, degandek, Zamira Nuri opaning zinhorlab tayinlagan soʻzlarini unutib, kengashda boʻlgan butun gapni Valixonga maqtanib aytib qoʻyibdi.

Maslahat mana bunday boʻlgan ekan: ayollar bir yoqadan bosh chiqarib 8 Mart bayramini qizil burchakda oʻtkazishadi. Muzika, raqs, oʻyin-kulgi, vino, shampanskiy xaminqadar boʻladi-yu, lekin erkak zoti bu tantanaga aralashtirilmaydi. Osh ustida mehr ketishi qanaqa boʻlishini ular ham bir bilib qoʻysin!..

Shunday qilib deng, biz tang ahvolda qoldik. 8 Martni shunaqayam doʻndirib bayram qilaylikki, bulturgi lola saylining alamini xotin-qizlarimizning yuragidan tamom chiqarib yuboraylik, deb azm-qaror qilib qoʻygan edik. Endi bu yogʻi nima boʻladi?
— Iloji topiladi,— dedi Ahmad aka quvlik bilan koʻz qisib. «Shu odamdan bir gap chiqsa kerak», deb ishdan keyin barimiz uning xonasiga toʻplandik...

...Qizil burchak xonasida kamalakning hamma ranglari jo boʻlganday edi. Oʻrtada ustiga dasturxon yozilgan uzun stol. Undagi noz-ne’matlarni koʻrib, ishtahangiz xurujga keladi. Lekin bu qanaqasi? Ziyofatga toʻplanganlarning qovogʻi soliqroqmi? Bir-birlariga nega xoʻmrayib qarashadi? Faqat Nuri opaning chehralari namozshomgulday ochilib ketgan. Rejalari benuqson amalga oshayotganidan tanalariga sigʻmaydilar. Stol atrofida girgitton boʻlib, koʻzlariga bejo koʻringan likoplarni hali u yoqqa, hali bu yoqa surib qoʻyyaptilar. Nihoyat, soat oʻn ikki ham boʻldi.
— Qani, qizlar! Dasturxon atrofiga marhamat! Nuri opa stol toʻridagi yakka stulni egallab, majlisga tartib kiritish uchun vilkani tarelkaga urgan edilar. hamki, eshik ochilib, kattagina bir quti koʻtargan Ahmad aka paydo boʻldi.
— Bayram qutlugʻ boʻlsin!— deb xonaning oʻrtasiga keldi-da, qutini boʻsh oʻrindiqqa qoʻyib, belidagi kanopni yecha boshladi.

Hamma hang-mang boʻlib, avval bir-biriga, keyin Nuri opaga qaradi. U kishining ranglaridan qon qochgan, vilka ushlagan qoʻllari dagʻ-dagʻ titrab, gulkoʻzaga urilarkan, «jarang-jurung» sado chiqardi. Majlis ahli to oʻziga kelguncha, Ahmad aka qutining qopqogʻini olib, ichidagi sovgʻani dasturxonga qoʻydi. Bu — ustiga «Bayram muborak! 8 Mart» deb yozilgan ajoyib tort edi.
— Yashang, yashang, Ahmad aka! — deb qarsak chalib yuborishdi hisobchi qizlar.

Bosh hisobchini shogirdlari darrov yonlariga olishdi. Nuri opa nima boʻlganiga aqllari yetmay, angrayib qoldilar. Hayajonlarini zoʻrgʻa bosib, vilkani yana stakanga urgan edilar, biz — Valixon, men, rejalashtirish boʻlimining boshligʻi Toʻraxonov, xoʻjalik mudiri Munavvarov va yana bir necha kishi guldastalar bilan kirib keldik-da, xonimlar qoʻliga bitta-bittadan tutqazdik. «Bergan xudoga yoqibdi», deydilar! Qani, endi bizni Nuri opa tugul, militsioner ham bu yerdan haydab chiqarsin-chi!

Ayollarimizning oʻzlari bunga yoʻl qoʻymaslar. Tagʻin har bir guldastaning ichida egasining nomi zarhal harflar bilan yozilgan otkritka boʻlsa!

Nuri opaning bir koʻzlari eshikda, bir koʻzlari odamlarda boʻlib, vilkani stakanga urgan edilar, bu gal katta doshqozonning ikki qulogʻini ikki yoqdan koʻtargan holda, qorovulimiz Hasan aka bilan montyor Shodiboy kirib kelishdi. Gurillab kulgi koʻtarilgan edi, xuddi zilzila paytidagidek shift ham qasirlab ketdi. Nuri opa ham oʻzlarini tutib tura olmadilar.
— Oʻrtoqlar!— deb gap boshladilar Nuri opa qozondagi palov laganlarga suzilib, dasturxonga qoʻyilgach,— oʻrtoqlar! Biz bugun xotin-qizlar bayramini yakka oʻzimiz bayram qilmoqchi edik. Lekin oramizdan sotqin chiqib, butun oʻylaganlarimiz barbod boʻldi...

Shu gapdan keyin gʻala-gʻovur koʻtarildi. Ayollar qoʻllarini bigiz qilib, baravariga gapira boshladilar. «Obbo, tantana tagʻin oʻsha sotqinni topib, muhokama qilishga aylanib ketadigan boʻldi-ku», deb yuragimizni hovuchlab qoldik.
— Jim! Gap bundoq,— deb davom etdilar Nuri opa,— mayli, shunday boʻlgani ham yaxshi!
— Ura, ura! Yashasin, Nuri opa!— degan hayqiriqlar yangradi atrofdan.
— Xotinlar bilan erkaklar bir magʻizning ikki pallasi. Mana shuni idoramizdagi ba’zi bir kaltabin yigitlar (shu gapda men tarafga qarab qoʻydilar) tushunib olishgan boʻlsa, tuzuk. Endi xotin-qizlar bilan erkaklarning salomatligi uchun qadah koʻtaraylik! Qani, olinglar!..

* * *
Idoramizdagi «ayollar isyoni» ana shunday tugadi. Endi hech kim bizga «boy-feodallarcha munosabat» degan aybni sirachlab ham yopishtira olmaydi.