OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTurgʻun Poʻlat
Asar nomiUylar muborak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Turgʻun Poʻlat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uylar muborak (hikoya)
Turgʻun Poʻlat

Mamazohir yaqin uch-toʻrt oydan buyon koʻchadami, choyxonadami, radio yo televizordami «Toʻylar muborak» degan ashulani eshitib qolguday boʻlsa, bexosdan «qulluq, qul-luq» deb yuboradigan qiliq chiqardi. Tagʻin uning yoshi ellikdan oshib, yetti bolaning otasi boʻlganda, xotinini yangilabdi-da, deb oʻylamang. Yoʻq, aslo unday emas. Agarda bu shahardan yuz chaqirim nari-berida Mamazohirchalik pokiza, oilaga sadoqatli odam topsangiz, mening lotereyaga yutib olgan «Volga»mni indamasdan minib ketavering: miq etsam, odam emasman!

Mamazohir «Toʻylar muborak»ni eshitganda, «qulluq, qulluq» deyishining boisi shuki, bu soʻzlar uning qulogʻiga «Uylar muborak» boʻlib kiradi, butun olam uning quvonchiga hamdam boʻlib, uni yangi uy bilan tabriklagandek tuyuladi. Ha, ha, endi payqagandirsiz, bizning Mamazohir shaharning qoq oʻrtasidan besh xonali yangi uy olgan! Tabriklamagan boʻlsangiz, hali ham kech emas, bir borib, tabriklab keling: ancha koʻngli koʻtariladi.

Ana shunda yangi uyning kaliti qoʻliga tekkuncha boshidan qanaqa hangomalar kechganini, ehtimol, sizga ham aytib berar. Oʻziyam juda qiziq boʻlgan-da!

* * *

...Mamazohir chorvachilik bilan bogʻlangan bir tashkilotda iqtisodchi zootexnik boʻlib ishlaydi. Qiladigan ishi — kolxozlarda yetishtiriladigan yem-xashakning hisobini olib borishu davlat fondidan beriladigan har xil yemlarni kolxozlarga taqsimlash. Sirtdan qaraganda, bundan joʻn ish yoʻq. Ammo mendaqa odamni qoʻyib qoʻysa, bir kun ham chidash bera olmayman. «Nega bizga sheluxa kam tegdi», «Falon kolxoz hadeb kunjara olaveradimi» va hokazo, va hokazo, koni gʻalvaning uyasi. Ogʻir karvonligidanmi yo terisi qattiqmi, har qalay Mamazohir bu vazifani oʻttiz yildan beri eplashtirib kelyapti. Texnikumni bitirib, toʻgʻri shu tashkilotga tushganicha, hali hech qayoqqa qimirlagan emas.

Mamazohir ishga yangi kelgan yili «yosh mutaxassisga gʻamxoʻrlik» ma’nosida unga bir qavatli gʻishtin uydan ikkita xona berishgan. Oʻsha vaqtda bu bino shaharning eng koʻrkam, eng shinam imoratlaridan sanalardi. Yillar oʻtib shahar ham eniga, ham boʻyiga oʻsdi. Bir vaqtlar hammaning havasini qoʻzgʻatgan imorat endi koʻp qavatli uylar qarshisida shumshayib, koʻzga xunuk koʻrinadigan boʻlib qoldi. Ichidagi vodoprovodini aytmasangiz, maqtagudek ohanjamasi yoʻq hisobda.

Bunisi ham mayli-ya, Mamazohir ayolmand boʻlib qolgan. Rohilaxon uni ikki lobar qiz bilan beshta alpday oʻgʻilning otasi qilib qoʻygan. Nuktadon shoirimizning: «Yashash orzusini sinash-chun atay...» degan she’riy bandi xuddi Mamazohir tilidan Rohilaxon sha’niga aytilgan madhiyaday.

Bolalar bitta-ikkita boʻlganda ham baharnav edi. Lekin ularning sanogʻi uch kam oʻnga yetib, oldi institutga, keti maktabga qatnay boshlagach, Mamazohir oʻzini suv ustida qalqib yuruvchi poʻkakday besaranjom sezadigan boʻlib qoldi. Kunduzi idorada kunjara bilan sheluxaning mashmashasi, kechqurun uyda «mening darsim zarurroq, sen keyin tayyorlaysan», deb bittayu bitta stolni talashadigan bolalarning xarxashasi...

Mamazohir bilan birga shu uydan joy olgan qoʻshnilari yangisiga koʻchib olishdi. Ularning oʻrniga kelganlari ham koʻp qavatli shinam imoratlardan joy topib chiqib ketishdi. Ammo, Mamazohirlar xonadoni xuddi mixlab qoʻyganday oʻrnidan siljimaydi. Negaki Mamazohir, boya aytganimizday, chorvachilik bilan bogʻlangan tashkilotda ishlaydi. Bu tashkilotning oʻzi shaharda-yu, lekin ishi qishloq bilan bitadi. Shu vajdan tashkilot boshliqlarining shahar rahbarlari bilan hech qanday bordi-keldisi yoʻq. Mamazohirning fikricha esa, unga uy olib berish uchun boshliqlar oʻrtaga tushmasa, oʻzi bu ishni ikki dunyoda eplayolmaydi. Yomon koʻrgani — idorama-idora yurish.

Kunora Rohilaxon uchqun tekkan benzinday lovillab qoladi:
— Peshanam shoʻr boʻlmasa, kelib-kelib zootexnikka tegamanmi-a! Qassobga tegmaymanmi, somsapazga tegmaymanmi, dangʻillama uchastkada oyoq-qoʻlimni uzatib yotgan boʻlardim!

Yo boʻlmasa:
— Dunyoga kelib, Ma’rifatxonchalik boʻlmaganimga kuyib ketaman! Yuzining choʻtiriga sedana sepsang bittasi yerga tushmaydi-yu, turmushi bamisoli xonzodalarning oʻzginasi! Uchta joniga toʻrtta xona, yana moʻrchasi ham ichida!

Shunday paytlarda Mamazohirga sichqonning uyasi ming tanga boʻlib ketadi.

Xabaringiz bordir, burnogʻi yili shahrimizga sel keluvdi. Oʻshanda Soy koʻcha tarafda qulamagan imorat qolmadi chogʻi. «Chogʻi» deyayotganimning bois shuki, faqat Mamazohir oʻtirgan imoratga dard tegmasa boʻladimi! Baraka topkur ustalar uning poydevorini shunaqayam baland olishgan ekanki, telba toshqin chunon chirangani bilan devorning suvogʻini bir enlikcha ham hoʻllay olmadi. Boshqa odam boʻlsa-ku, ustalarni alqayverib esi ketardi-ya, ammo bizning Mamazohir ularning goʻriga har soatda mingtadan gʻisht qalab yubordi. Oʻrtab, yonganichayam bor-da! Oʻngu soʻlda imorati vayron boʻlgan xonadonlar yo Maygir tarafdan uchastka ajratib, yo boʻlmasa shahar markazidan uy olib chiqib ketishdi. Mamazohir boʻlsa, boyagi-boyagi, boy xoʻjamning tayogʻiday boʻlib, oʻtirgan joyida qimirlamay qolaverdi. Vayronalar tekislanib, oʻrnida yangi, koʻp qavatli imoratlar qad koʻtaryapti hamki, Mamazohirlarning uyi buzilmasdan, oʻsha dangʻillama imoratlar qarshisi shohi koʻylakka chipta yamoq boʻlib turibdi!

Bir kuni ertalab Mamazohir ishga kelib, endi u yoq-bu yogʻini toʻgʻrilayotgan paytda birdan uni idora boshligʻi Tohir Saidovich yoʻqlatib qoldi.
— Bir yaxshi gap aytsam nima suyunchi berardingiz?— dedi boshliq xursandchiligidan ogʻzining tanobi qochib.
— Nima xohlasangiz shu-da, biz suyunchidan qocharmidik,— deb iymanibroq javob berdi Mamazohir nima gapligini ilgʻayolmay.
— Boʻlmasa, eshiting: Sizga markazdagi yangi uylardan bitta toʻrt xonali kvartirani sagʻirning moliday begʻubor qilib undirib qoʻydim. Mana bu xatni olib borib shahar ijrokomining rais muovini Sotqin Botirovichning qoʻliga shaxsan topshirasiz. Order yozib beradi. Choping!

Mamazohir shu topda boshliqning yuzidan «choʻlp-choʻlp» oʻpib olgisi, uni oʻrindiqdan dast koʻtarib shiftga irgʻitgisi keldi-yu, ammo sevinchini zoʻrgʻa ichiga yutib:
— Rahmat, rahmat! — deb qoʻya qoldi. Tohir Saidovich:
— Boqib yotgan soʻqimingiz boʻlsa, qassob chaqiravering!— deganda, Mamazohir allaqachon koʻchaga chiqib olgan edi.

Yengil vazndagi polvonlarga oʻxshash past boʻy, girdigʻum Mamazohirning asfalt yoʻlkadan pildiroqday dumalab borayotganini koʻrgan odamlar: «Xotini tugʻibdiyu qaynanasidan suyunchi olgani shoshilib ketayotganga oʻxshaydi», deb oʻylashardi.

Mana, Mamazohir ikkinchi kosmik tezlik bilan shahar ijrokomiga ham yetib keldi. Poygakdagi qorovuldan soʻrab, uchinchi qavatga koʻtarildi. «Shahar ijrokomining rais muovini S. B. Botirov» deb lavha osilgan eshikni ham topdi. «Yo pirim!» deb uni ochib, ichkari kirgan edi, «S. B. Botirov» oʻrniga ikkala beti oshqovoqday koʻpchib chiqqan, har kiftida bittadan azamat bemalol oʻynaydigan baqaloq ayolni koʻrib, sal boʻlmasa labiga uchuq toshayozdi. Ayol bir tirsagini stol ustidagi qalin oynakka tirab, allakim bilan telefonda gaplashayotgan ekan. Mamazohirni koʻrib «chiq, chiq!» deganday, zarda bilan qoʻlini ikki-uch silkidi. Mamazohir esa bu ishorani tushunsa ham, oʻzini tushunmaslikka solib qaqqayib turaverdi. Nihoyat, ayol trubkani joyiga qoʻydi. Mamazohirga boshdan-oyoq sinchkov nazar solgach, erkaknamo yoʻgʻon ovoz bilan:
— Bugun qabul kuni emas!..— dedi.

Bungacha Mamazohir xonani obdan koʻzdan kechirib kirgan joyi qabulxonaligini, «S. B. Botirov»ning kabineti esa oʻng tomondagi eshik ekanini bilib olgan edi.
— Mana shu xatni oʻzlariga topshirishim kerak edi-da,— dedi Mamazohir.
— Nima masalada — kvartira toʻgʻrisidami? Mamazohirdan boʻlak, ish koʻrgan odam boʻlsa-ku, shu topda bir juft yolgʻon gapirib: «Yoʻq, xizmatga taalluqli xat», deb aytgan va kotibani aldab, Sotqin Botirovichning huzuriga lip etib kirib ketgan boʻlardi-ya. Ammo, Mamazohir soʻtakligiga borib, rostini ayta qoldi:
— Ha, kvartira xususida.
— Unday boʻlsa qabul kuni kelasiz. Payshanbada.
— Hozir shundoq kirib, tashlab chiqsam boʻlmaydimi? Yo oʻzingiz kirgizib bersangiz?
— Hey, odam! Marsdan tushganmisiz? Qonun-qoidani bilasizmi? Pastda kiraverishdagi e’lonlarni nimaga yopishtirib qoʻyibmiz? Savodingiz bordir, oʻqisangiz boʻlmaydimi?

Mamazohir dami chiqib ketgan pufakday soʻljayib pastga tushdi. Bosmaxonada bosib chiqarilgan supraday taxta qogʻozga shahar ijrokomi raisidan tortib, to statistika boshqarmasining inspektori bilan ovchilar soyuzining raisigacha nomma-nom sanalib, har birining qarshisiga qaysi kuni soat nechadan nechagacha hojatmandlarni qabul qilishi koʻrsatib qoʻyilibdi. Yana bir e’londa «shahar ijrokomining rais muovini Sotqin Botirovich haftaning payshanba kunlari soat 14 dan 18 gacha qabul qiladi. Hojatmandlar dushanba kuni ertalab 10 dan 13 ga qadar qabulxona sekretariga uchrab, navbatga yozilmoqlari kerak», deyilibdi.

«Haftada bir kun, muayyan soatlarda hojatmandlarni qabul qilishsa, rosa jonining huzurini koʻzlagan odamlar ekanmi! Biz ekan-da, odamzodning soddasi. Ertalabmi, peshinmi, kechqurunmi, kim kelsa qabul qilaveramiz», deb xayolidan oʻtkazdi Mamazohir.

«Tohir Saidovichga hayronman,— deb oʻylar edi u yana, boya oʻzi kelgan yoʻlkadan shalpayganicha bitta-bitta odim tashlab borarkan,— nega meni yoʻq narsaga yugurtiradi? Yo meni kalaka qildimikan?»

* * *

Ammo Mamazohirni kalaka qilish Tohir Saidovichning yetti uxlab tushiga ham kirgan emas edi...

Tohir Saidovich futbolga mukkasidan ketgan ishqiboz. Bahor kelishi bilan nuqul «Paxtakor» oʻynaydigan kuni Toshkentda «ishi» chiqib qoladi. Uni ham qoʻyavering, biror sayhonlikda toʻrtta tirmizak toʻp talashib turganini koʻrib qolsa, toʻxtab, shuning natijasini bilmaguncha koʻngli toʻlmaydi.

Bozortepadagi «Hosilot» kolxozi stadion qurib, futbol komandasi tuzgach, Tohir Saidovichga oʻxshash odamlarga yana ham jon kirdi. Hech boʻlmasa, «Paxtakor» safarda yurgan kunlari qosh-qovogʻingda futbol bor-ku! Shahardan oʻttiz chaqirim narida boʻlsa nima?! Hozirgi asfalt yoʻllarda mashinaga Koʻhi Qof ham bir qadam!

Oʻsha kuni «Hosilot» zab «oʻyin koʻrsatdi-da!» Ayniqsa markaziy hujumchi Hovliqmaevning jonbozligini aytmaysizmi. Burchakdan uzatilgan toʻpni, Axbor Imomxoʻjaev aytganday, «boshi bilan tepib», darvozaga kirgizdi-ya, azamat! Hisob «Hosilot» foydasiga 4:0 boʻldi.

Tohir Saidovich stadiondan xursand boʻlib chiqib, shofyorini topish uchun atrofga alanglagan edi, taksi mashinalar orasida girdikapalak boʻlib yurgan odamga koʻzi tushib qoldi. Boyoqishni hech qaysi shofyor olgisi kelmas edi. Bu odam Tohir Saidovichga tanishdek koʻrindi. «Oting qurgʻur kim edi-ya? Ha, ha, Sotqin Botirovich, shahar ijrokomi raisining muovini». Tohir Saidovich sekin borib, uning tirsagidan ushladi:
— Sotqin aka, mashina kerakmi? Men birga olib keta qolay...
— He, assalomu alaykum. Rahmat. Kelinoyingiz bir joyga boradigan boʻlib, mashinamni shaharga qaytarvorgandim, bir amallarman, deb. Rahmat, muruvvatingiz uchun!

Ikkovlari Tohir Saidovichning «gazik»ida shaharga joʻnashdi. Ikkita, kasb-kori bir-biriga hech mos kelmaydigan odamning topishib qolganidan yomoni yoʻq. Gapi gapiga qovushmay turaveradi. Oʻrtaga zildek sukunat choʻkib, ikkovini ikki yoqqa ajratib qoʻyadi. Hozirgina oʻtgan futbol oʻyinining tafsilotlarini begona kishi, ya’ni shofyor oldida muhokama qilish esa, ikkita tuppa-tuzuk idoraning boshligʻiga munosib emas.

Tasodifan birovning mashinasiga yuk boʻlib qolgani uchun boyadan beri xijolat chekib kelayotgan hamrohini noqulaylikdan qutultirish maqsadida Tohir Saidovich soʻz qotdi:
— Toshqin oqibatlarini tugatay, deb qoldinglarmi?

Sotqin Botirovich nabirasining koʻmagisiz ninaga ip oʻtkazib olgan kampirday koʻngli yorishdi. Chunki gapga mavzu topilgan edi-da!
— He, nimasini aytasiz,— dedi u jonlanib.— Avval boshpanasiz qolgan odamlarni joylay olmay garang edik. Endi hasharchilar hammayoqqa uy qurib tashlagandan keyin kimni olib kirib qoʻyishimizni bilmay hayronmiz.

Serfarzand oilalar uchun satta toʻrt xonali uylar qurishibdi. Hozircha shu uylarga ega topolmay sarsonmiz.

Tohir Saidovich bu soʻzni eshitganda, birov peshanasidan chertmak olganday sapchib tushdi. «Ie, bu yoqda boʻsh uylar turgan ekanu bizning Mamazohir akamiz haliyam tovuq katagiday tor uyda tiqilib yotibdi. Bittasini shu odamga soʻrab olib bermaymanmi?»
— Menga qarang, Sotqin aka, sizni shu sarsonlikdan sal qutultirib qoʻysam, nima deysiz?
— Jon koshkiydi!
— Unday boʻlsa, bizning Mamazohir aka degan bir keksa xizmatchimiz bor. Boyoqish boshi aylansa, keti aylanmaydigan tor uyda turadi. Shu odamga bir yaxshilik qilib yubormaysizmi?

Mashinaning ichida chirogʻi boʻlganida, shu payt Tohir Saidovich Sotqin akaning qoramtir yuzidan qon qochib, oftobda oʻnggan satin tusiga kirganini koʻrardi. Ammo chiroq yoʻq-da! Sotqin Botirovich esa, oʻzi pishirgan «osh»ni sir boy bermay, oʻzi ichishda davom etdi:
— Jonim bilan! Ertaga bir enlik qogʻoz bilan oldimga yuboring. Tayyor uylardan biriga order yozib beraman-qoʻyaman.

Xuddi shu asnoda «gazik» Sotqin Botirovich yashaydigan hovlining darvozasi oldiga kelib toʻxtagan edi.

Mamazohir tushmagur esa, Tohir Saidovichni «kalaka qildi», deb yuribdi!

* * *

— Odam ham shunaqa lapashang boʻladimi, ey tavba!— deb Mamazohirning oʻzini koyib berdi Tohir Saidovich u shahar ijrokomidan qaytib kelgandan keyin.— Tayyor oshni suzib yeyolmasangiz-a! Oʻziga borib uchrang, dedim-ku.

Mamazohir hafsalasi pir boʻlganini bildirish ma’nosida qoʻl siltab chiqib ketayotgan edi, Tohir Saidovich uni toʻxtatdi:
— Shoshmang, qayoqqa? Hozir oʻziga telefon qilaman.— Boshliq oyna tagidagi roʻyxatning «B» bobidan kerakli raqamni topib, telefon diskasini aylantira boshladi.— Sotqin Botirovich kerak edilar. Yoʻqlar? Qaerdalar? Prezidiumda? Xoʻp, mayli, keyin telefon qilarman...

Tohir Saidovich stolni nogʻora qilib chertganicha andak oʻylanib qoldi. Rost gap, shu topda Mamazohirdan oʻzi ham xijolatda edi. Lekin boshliqlarning xijolati nima-yu, shuvoqqa tushgan oʻt nima: birpasda pov etib soʻnadi. Tohir Saidovich ham darrov oʻzini oʻnglab oldi:
— Payshanbada kel, degan boʻlsa, oʻsha kuni boring. Ammo, xotirjam boʻlingki, uy nakd! Bugun sizga javob, borib yangamdan suyunchini olavering!..

Mamazohir uyiga kelib, bu sevinchli xabarni xotiniga aytganida, Rohilaxon avvaliga ishonmadi, keyin oʻrtada Tohir Saidovichning oʻzi dalolatchi boʻlib turganini eshitgach, «he, u kishi tagi yoʻq gapni aytmaydilar, shuncha zamondan beri qilgan nolalarim tabiatning eng nozik joylariga yetib borib, Tohir Saidovichning yuraklariga shafqat solibdi» deb, havo degan tekin narsadan turli-tuman rejalar tuzishga tushdi.
— Hoy, dadasi, uyni toʻrt xonali dedingizmi? Ozlik qilmasmikin? Yoniga yana ikkita xona qoʻshtirib olmabsiz-da? Ha, mayli, hozircha shunisi ham boʻladi. Bir xonasiga qizlaringizni, biriga oʻgʻillarni joylaymiz. Oʻzimiz bir xonasini egallaymiz. Bitta xonani kelinchaklarning uyiday qilib mehmonlarga yasatib qoʻyamiz...

Rohilaxon osmonu falakda parvoz qilib yurarkan, peshonasi taq etib biron togʻ choʻqqisiga urilib ketdi shekilli, dabdurustdan sergak tortib, atrofiga olazarak qaray boshladi.
— Hoy, boqibegʻam, erta-indin yangi uyga koʻchadigan boʻlsangiz, bisotingizda uchta gilamu ikkita sandiqdan boʻlak hech vaqo yoʻq-ku?! Toʻrtta hayhotday xonani nima bilan toʻldirasiz? Koʻch-koʻroningizni mashinaga ortganda odamlar kulishmaydimi: «Mamazohirboy oʻttiz yildan beri zootexnikman deb yuravergan ekan-da, tamomi topgan-tutgani bir mashinayam chiqmadi-ku», deyishib. Yoʻq, turing, roʻmolimning uchida tugib yurgan besh-olti yuz pulim bor. Ikkovlashib bir magazin aylanaylik. Polskiy garniturlar kelgan deyishadi. Zora birontasiga ilinib qolsak...

Mamazohir xotinining gapini qaytarishga odatlanmagan. Yoʻq esa, «Oʻpkangni bos, xotin, avval hech boʻlmasa order qoʻlga tegsin, garnitur olish qochmas», derdi-ya...

Xullas, er-xotinning «magazin aylanishi» kechqurun uyga bir mashina garnitur kelishi bilan tugallandi. Yangi mebelning ustiga qoplangan taxtalarning bironta ham mixini koʻchirmay, shundoqligicha bolalar xonasiga olib kirishgan edi, u yerda qadam bosgudek boʻsh joy qolmadi. Shu oqshom hammalari bitta xonaga tiqilib olishdi. Bolalarning xarxashasi har kungidan ancha avjliroq boʻlgan esa-da, yangi uyning nashidasi bilan unchalik bilinmadi...

* * *

Orziqib kutilgan payshanba ham keldi. Mamazohir nonushtadan keyin katta qizi yaxshilab dazmollab qoʻygan qoʻchalik kostyumini kiyib, shahar ijrokomi qaydasan, deb yoʻlga ravona boʻldi. Tohir Saidovich bir kun avval: «Men oʻzi bilan telefonda gaplashib qoʻydim, ertaga kechqurun palovni siznikida yeymiz», degan edi.

Oʻsha tanish qabulxona. Ammo bugun devorning ikki tarafiga terib qoʻyilgan oʻnlab oʻrindiqlarning hammasi band. Oʻrindiq tegmaganlar eshik yonidagi javonga suyanib turishibdi. Mamazohir ham atrofga razm solgach, oʻshalarning yonidan iymanibroq joy oldi.

Baqaloq xotin dam-badam «S. B. Botirov» degan eshikdan ichkariga kirib-chiqyapti. Nihoyat, qabul boshlandi. Botirovning huzuridan birov suyunib chiqsa, birov qovogʻi osilib chiqyapti. Uch-toʻrt odamni oʻtkazib turib, Mamazohir ohista baqaloq xotinning stoli oldiga bordi-da, muloyim ovoz bilan:
— Men qachon kiraman?— deya soʻradi.
— Sizmi? Siz roʻyxatda yoʻqsiz. Shuning uchun hammadan keyin kirasiz,— deb javob berdi sekretar Mamazohirga oʻqrayib. Bu gap Mamazohirning qulogʻiga «Siz rejasiz qurilgan uysiz, sizni buldozer olib kelib buzib tashlaymiz», degandaqa sovuq eshitildi.

Qiyomat qoyimning ham chegarasi bor, deganlaridek, oxiri Mamazohirga ham navbat keldi. Ichkariga tavazzu bilan kirib borarkan, toʻrda oʻtirgan qoramagʻiz, ot yuz, qoshlari chimirilgan yigitni koʻrib ichiga oʻt yoqilganday boʻldi; u Mamazohirga tanishdek edi. Ayniqsa uning uzun qilib oʻstirgan, qoq peshonasining ustidan farq ochilib, dam sayin ikkala chakkasiga, qoshining uchiga qadar osilib tushayotgan qop-qora sochi koʻziga issiq koʻrindi. Botirov Mamazohirning kirib kelganini payqadimi-payqamadimi, har qalay, qogʻoz koʻrish bilan ovora boʻlib oʻtiraverdi. Ungacha Mamazohir uni qaerdan tanishini eslashga yana bir urinib koʻrdi. Oxir topdi. Uni qarangki, bu odam quyib qoʻyganday shoir Mayakovskiyga oʻxshar ekan. E, tavba, xuddi oʻzi-ya. Agar kino-pinoda Mayakovskiyning rolini bajarsa bormi, laureat boʻlib ketishi hech gap emas.
— Xoʻsh?— Botirovning jarangdor ovozi Mamazohirning sachrab ketgan xayolini bir joyga toʻplab qoʻydi. U takalluf bilan qoʻlidagi qogʻozni uzatdi. Botirov uni ochib oʻqir ekan, ensasi qotgannamo aft-basharasi burishdi, qoshlari battar chimirilib, peshonasida ikkita yoʻgʻon chiziq paydo boʻldi.
— Xoʻsh?— dedi Botirov qogʻozni yana Mamazohirga qaytarib berarkan. Mamazohir nima qilishini bilmay, tipirchilab qoldi.
— Haligi... Tohir Saidovich bilan gaplashgan ekansiz... Yangi uyga order bor ekan...

Sotqin Botirovich Mamazohirga baqrayib qaraganicha andak xayolga botdi. Soʻng qoʻlidagi qalamni zarda bilan oynakka bir urib, shart oʻrnidan turdi:
— E, qanaqa qiziq odamsizlar! Otamning uy quradigan zavodi bormiki, «ma sanga, ma sanga» deb ulashaversam. Uy yoʻq! Bekor ovora boʻlib kelibsiz!..

Mamazohir oʻzini dadil tutishga harakat qildi:
— Kelmas edimu Tohir Saidovich...

Botirov deraza oldiga borib, tashqariga razm solarkan, xuddi koʻchaga gapirayotganday davom etdi:
— Men hech qanaqa Tohir Saidovichni tanimayman. Unga hech qachon uy ham va’da qilgan emasman.— Soʻng bir narsani eslaganday, choʻntagini kovlab, bitta uch soʻmlikni oldi-da, yana stolga qaytib keldi:— Ha, aytgancha, Tohir Saidovichingizni bir marta koʻrgandek edim... Ammo oʻzinglar ham juda nazari past odam ekansizlar-da! Bir marta mashinanglarga tushib, baloga qoldimmi? Mang, ushlang, manovini oʻsha Tohir Saidovichingiz bilan boʻlishib oling-da, qaytib menga turqingizni koʻrsatmang! — Botirov shunday deb, uch soʻmlikni Mamazohirga uzatdi. Mamazohir pulni beixtiyor oldi, oyoqlaridan tobora darmon ketganicha orqasiga oʻgirilib, eshik tomonga yurdi. Qabulxonaga chiqquncha roʻparasidan Rohilaxon, yetti bolasi, garnitur, peshonasida qolgan bittayu bitta xona lip-lip etib oʻtdi-da, qoʻzlari tindi...

Mamazohir koʻzini ochsa shifoxonada yotibdi. Tepasida oq xalat kiygan doktorlar girgitton.
— Asti qimirlay koʻrmang!— deb ogohlantirishdi uni.— Hatto yoningizga ham oʻgirilmang. Faqat koʻkka qarab yoting. Shunda tez tuzalasiz.

Olamda kechayotgan voqealardan uni har kuni Rohilaxon xabardor qilib turadi. Mamazohir shifoxonaga tushgandan keyin uyga shahar sovetidan deputatlar kelibdi, «bay-bay, odam ham shunaqa pandavaqi boʻladimi, ilgariroq ariza-pariza qilib, uy soʻramaysizlarmi, allaqachon bitib ketadigan ish ekan», deb bularning oʻzlaridan xafa boʻlishibdi. Shahar ijrokomi deputatlar xulosasini majlisda koʻrib chiqib, Mamazohir oilasiga zudlik bilan besh xonali uy berishga qaror qilibdi. Sotqin Botirovichga hayfsan berilibdi.

Bir kuni Rohilaxon oʻzida yoʻq holda suyunib keldi. Mamazohirga indamay, bir parcha pushtirang qogʻoz uzatdi. Bu — besh xonali uyning orderi edi!..

Mamazohir «Toʻylar muborak»ni eshitganda «qulluq, qulluq!» deyishining boisini endi bildingizmi? Ha, gap shunday!