OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTurobjon Maqsudov
Asar nomiQaytmas toʻlqinlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Turobjon Maqsudov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm44KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaytmas toʻlqinlar (hikoya)
Turobjon Maqsudov

«
Sevimli opam Qumrioy xotirasiga bagʻishlayman
»

Ishkom tagidagi supada oʻtirib, mushukchalarning bir-biri bilan olishishini kuzataverib zerikkanimdan «soat»ga qarab qoʻydim: uyning soyasi hali supaga yetmagan edi. Demak, opamning maktabdan qaytishiga hali ancha vaqt bor. Kun isib ketgan, ishkom osti soya boʻlishiga qaramay, havosi dim, nafas olish ogʻir edi. Supadan tushdim. Ayvondagi sholchani koʻtarib, uzumzorimizning chetidagi sada tomonga ketayotgan edim, kichik uyda kuvi pishayotgan ayam derazadan qarab soʻradi:
— Ha, otajon, soʻrigami?

Men «Ha», degan ma’noda bosh qimirlatib, chillaki toklar orasidan yurib ketdim.
— Yana yolgʻiz uxlab qolmagin, uyqung kelsa, chopqillab uyga kelgin-a, xoʻpmi, girgitton? — deb qoldi ayam.

«Soʻrida uxlab jinni boʻlibmanmi? Axir u yerda uxlab qolsam, ajina chalib ketadi-ku!»

Dadam uzumzorimizning chekkasidagi sada soyasiga soʻri qurib bergandi, bu yerda biz uzumga tushgan chumchuq va chugʻurchuqlarni qoʻrib oʻtirardik. Soʻri ustiga sholchani soldim-da, burchakda turgan tartarakni olib tarillatganimcha bir qoʻlim bilan sadaning pastroqdagi shoxiga bogʻlab qoʻyilgan ipni tortib yubordim, toklarga oʻrnatilgan qoʻngʻiroqlar jaranglab, bogʻ shovqin-suronga toʻldi; vahimaga tushib jonholatda pirillab uchayotgan chumchuqlarni koʻrib, zavqlanganimdan: «Ho-oy-hoy!», deb baqirib ham qoʻydim; soʻng sholchaning ustiga chalqancha tushib yotdim. Bu yer hovlimizga qaraganda ancha salqin. Ohista esayotgan shabada dimogʻimga sadadan sal naridagi na’matakning yoqimli hidini uradi, koʻylagimning yengidan, ochiq yoqamdan badanimga namxush havo puflaydi. Bunday rohatijon joyda uxlab qolish hech gap emas, lekin ajinadan qoʻrqqanimdan uyqum kelmaydi. U haqida oʻylab ketaman.

Ajinani shu paytgacha koʻrmaganman, lekin negadir qachon boʻlsa-da, koʻrishimga ishonaman. «U hammaning otini biladi, opangning yoki akangning tovushiga oʻxshatib chaqira oladi. Agar oʻshanda «Huvv!» deb qoʻysang bormi, naq ogʻzingni qiyshaytirib ketadi-ya!» derdi ayam. Shuning uchun ayam chaqirsa ham, to oʻzi kelib ergashtirib ketmaguncha, ishonmasdan nndamay oʻtiraverardim. Yana ayamning aytishicha, ajina xohlagan qiyofasiga kira olarkan: dadamga eshakka oʻxshab, ayamga oppoq tutundek bir narsa boʻlib koʻringan ekan. Menga qanaqa boʻlib koʻrinarkin-a? Ajina deganda, koʻz oldimga soch-soqoli oʻsgan, irkit kiyimli, hushtak chalgan bolalarni quvib yuradigan Ergash tentak kelardi. Shuning uchun koʻchada Ergash tentakni koʻrib qolsam, bolalarga qoʻshilib, uni kalaka qilgani, tosh otgani qoʻrqardim: «Menga shu tentakka oʻxshab koʻrinsa-ya?!»

Shu payt oʻtlar shitirlab, qadam tovushi eshitildi, qoʻrqqanimdan irgʻib oʻrnimdan turdim:
— B-b-bis...

Xayriyat, opam ekan. U qoʻrqqanimni bilib, qotib-qotib kuldi.
— Obbo, Zokirjon-e, meni ajina deb oʻylovdingmi? — Opam kulgidan oʻzini zoʻrgʻa tiyib, peshonamdan oʻpdi, qoʻlidagi kitobni soʻriga qoʻydi. Saodat opamning qop-qora, egilgan qoshlari, chiroyli qoʻy koʻzlari menga juda yoqardi. Opam ham meni yaxshi koʻrardi. Bu yil u oʻninchi sinfni bitirayotibdi, shuning uchun doimo dars qilgani-qilgan. Bu esa menga uncha xush kelmasdi; chunki, u ilgarigidek meni koʻp erkalatmas, kitob oʻqiyotganida yoniga borsam, «Xalaqit berma», deb nari quvar edi.
— Zokirjon, qani, kel, toychoq yasab beraman, — dedi opam nimchasini sadaning shoxiga ilayotib.

U sochini oʻziga judayam yarashadigan alfozda chambarak qildi, yenglarini shimarib, soʻridan ancha naridagi giloslar tomonga yurdi. Orqasidan men ham ergashdim. U tokning hali yaxshi qurimagan arigʻidan bir changal loy oldi-da, gilos soyasiga oʻtirib, toycha yasashga kirishdi. Har kuni kitobdan boshini koʻtarmaydigan opam bugun birpasda loydan toychoq yasab, ustiga chavandozini ham oʻtqazdi, hatto bir dona na’matak gul olib chavandozning qoʻliga ushlatib ham qoʻydi. Shundan keyin supaga chiqib, kitobini ochdi.

Men suyunganimdan terimga sigʻmay, oʻyinchoq bilan ovora boʻlib ketdim.

Bir mahal opamga qarasam, u kitob oʻqimay, na’matak gullariga termilib oʻtiribdi.
— Opa, koʻzingiz yoʻl koʻryapti, mehmon keladi, — dedimu yana xalaqit berganim uchun urishadimi, deb qoʻrqdim. Yoʻq, urishmadi, jilmayib qoʻydi-yu, menga qaramadi. Yana oʻyinga berildim. Bir vaqt devor orqasidan:
— Saodat... — degan tovush keldi. Choʻchib tushdim. Opam irgʻib turib, «Huv-v!», deb yuborsa boʻladimi! Keyin oʻziyam sezdi shekilli, qoʻli bilan ogʻzini bekitib oldi. Men opamning oldiga yugurdim. Ikki koʻzim unda, qoʻrquv va achinish bilan ogʻzining qiyshayishini kutib turibman. «Hozir... hozir... yoʻq, qiyshaymayapti». Bir payt devorimiz oldida novcha, doʻppisini peshonasiga bostirib kiygan odam paydo boʻlib qolibdi!
— Opa, ajina!.. — deya oʻzimni opamga tashladim, mahkam quchoqlab, yuzimni bagʻriga yashirdim; opam esa, qiqirlab kulib-yubordi. Uning kulgisiga begona kulgi qoʻshildi. Men choʻchinqirab u tomonga qaradim, boyagi odam bizga yaqinlashib, menga qoʻlini uzatdi, men opamni yaqa qattiqroq quchoqladim.
— Zokirjon, akanglar bilan koʻrish, — dedi opam.

Begona odamning yuziga asta koʻz tashladim: qora qoshlari tutashgan, ot yuzli, besoʻnaqay bu yigit akamga ham, Ergash tentakka ham oʻxshamas edi.
— Yoʻq... akamlamas! — deb u bilan koʻrishmadim,

Ular yana kulishdi. Men hayrat bilan begona odamni kuzatardim. U soʻriga oʻtirib, opamning kitobini varaqlay boshladi. Opam ham oʻtirdi, men pinjiga tiqildim: hali ham u kishining chinakam odamligiga ishonmasdim, ayam oʻrgatgan kalima endi yodimga keldi. Ichimda kalima qaytarib, u odamga qaradim, yoʻq boʻlib qolmadi, shundan keyin bir oz koʻnglim tinchidi.
— Zokirjon, toychangni oʻynamaysanmi?— deb qoldi opam.

Ie, toycham! Yugura ketdim. Borib qarasam, bir kapalak loy «chavandoz»ning qoʻlidagi na’matakka qoʻnib turgan ekan, mendan choʻchib uchib ketdi. Birpas oʻynaganimdan soʻng toychadan ham zerikdim. Soʻriga qarasam, boyagi odam hali ham opamning yuziga termilib oʻtiribdi, opamning koʻzi yana yoʻl koʻryapti. «Bor-e!», deb uyga qarab ketdim. Tandirga oʻt qalayotgan ayamga, soʻramasa ham:
— Opam soʻrida bir odam bilan oʻtiribdi, — dedim.
— A?! Qanaqa odam?!

Ayam javobimni ham kutmay, kosovni tashlab, soʻri tarafga jadal yurib ketdi. Nazarimda qiziq bir voqea sodir boʻladigandek tuyuldiyu men ham oʻsha tomonga shoshildim. Oldinma-ketin soʻri oldiga yetib borganimizda ular hali ham oʻtirishgan ekan. «Begona odam» ayamni koʻrib sarosimaga tushib qoldi: oʻrnidan irgʻib turib devorga tirmashgan edi, ushlagan kesagi koʻchib, na’matakning ustiga qulab tushdi; jonholatda oʻrnidan turdi-da, yana devorga tirmashib, narigi tomonga sakrab tushdi. Uning na’mataklar orasiga yiqilganini koʻrib yuragim achishdi: «Hamma yogʻiga tikan kirib ketgandir...» Ayam rang-quti oʻchib oʻtirgan opamning yuziga bir tarsaki tushirdi-da:
— Qoʻshmozor boʻlgurlar! — deya qargʻay ketdi. Opam hech narsa demay piqillab yigʻlardi. «Nega ayam uni urishadi-ya? Nima, opam birovning bogʻiga kiribdimi? Anavi odamning alamini oladimi?!»
— Hali shoshmay tur, kechqurun dadang kelsin! — deya ayam iziga qaytdi. Opam bechora menga oʻqrayib qoʻydiyu yigʻlagancha kitoblarini yigʻishtira boshladi. Men esa opam: «Sening chaqimchiliging uchun ayamdan tarsaki yedim», deb urishsa kerak, deya xavotirda edim, Agar ayam opamni urishishini bilganimda sira ham ogʻiz ochmagan boʻlardim. Opam kitoblarini qoʻltiqlab uyga joʻnadi. Men uning oldida oʻzimni gunohkor his qilib, ichimdan-ezilgancha orqasidan ergashdim. Shu damda men uning boyagidek gul-gul yashnab kulishi uchun hamma ishga tayyor edim. «Nima qilsam opam kulib yuborarkin? Nima qilsam gunohimdan kecharkin?», deb bosh qotirardim.

* * *

Kechqurun. Toʻlin oy atrofni shunday yoritadiki, chiroq yoqishga hojat ham qolmaydi. Bizning kundalik ishlarimiz boshlanadi: Saodat opam ayamga qarashadi, Zuhra opam supaga sholcha va koʻrpachalar toʻshaydi, Umri opam bilan men hovliga suv sepamiz; Lolacha boʻlsa, injiqlik qilib, ayamning orqasidan ergashib yuradi. Yana sigir sogʻish, mollarga oʻt solish... Bu ishlar tugaganda, otga ikki bogʻ oʻt ortib dadam daladan qaytadi. U yuvinib boʻlgach, qizgʻish moʻylovini, baroq qoshlarini silab-siypab, supaga hammadan avval chiqib oʻtiradi. Koʻpincha, xuddi shu vaqtda qoʻshnimizning qizi Nozik opa qoʻshni tovoq koʻtarib chiqadi. Dadam Nozik opani koʻrishi bilan kulib-kulib bayt ayta boshlaydi:
— Bor tovogʻim, kel tovogʻim,

Agar bormasang, kelmasang,

Oʻrta yerda sin, tovogʻim.

Bu bayt ayni ovqat suziladigan paytda hammamizni bir kuldiradi. Ayniqsa, dadamning oʻzi rosa nash’a qilib kuladi.

Nozik opa ketishi bilan opalarimdan biri uning orqasidan tovoqda ovqat koʻtarib, ularnikiga yuguradi.

Men dadamning yonidan — toʻrdan joy olaman, oʻng tomonimizda ayam bilan Lolacha, poygakda zsa uch opam oʻtirishadi. Oʻrtaga quroq dasturxon yozilib, ovqat qoʻyiladi.

Hamma qiziq gaplar, kulgi, gurung ovqatdan soʻng boshlanadi. Dadam yigʻilishga «raislik» qiladi. U bugungi «narodniy kontrol»ning (bu soʻzga tilim kelishmagani uchun men uni «poyloqchi» derdim) gaplarini goh kulib, goh jiddiy qiyofada tinglaydi, ayam esa «poyloqchi»ningʻ har qanday gapidan zavqlanib, kulib oʻtiradi.

«Poyloqchi» kim nima yomonlik qildiyu kim qoʻshni bolalar bilan urishdi, shunga oʻxshagan qilmishlarimizni kuzatib yurib, kechqurun hamma yigʻilganda aytib berardi.

Bu vazifani navbat bilan beshalamiz ham bajarardik. Dadam bilan ayam esa «umumiy-rahbarlik» qilishadi. Bu tartibni dadam oʻylab chiqargan edi.

«Poyloqchi» va boshqalarning gapi tugagandan keyin, dadam bilan ayam bizga pand-nasihat qilishib, qiziq-qiziq voqealarni gapirib berishadi. Ayam boshidan kechganlarini gʻamgin ohangda soʻzlar, uning urush boshlangan yili zim-ziyo tunda, boʻrilarning uvillashi shunday eshitilib turgan choʻldan akamni yetaklab, Umri opamni koʻtarib olib dadamni vokzalga kuzatishga chiqqani haqidagi hikoyasi odamning etini jimillatib yuborardi. Ayam, dadamning uydagilarga bildirmay frontga joʻnab ketmoqchi boʻlganini, bu gapni Abdusalom togʻamdan eshitib uch kun vokzalda poylaganini ayniqsa kuyinib gapirardi. Dadam esa oʻz koʻrgan-bilganlarini maroqlanib soʻzlar, har bir voqeadan kulgili bir xulosa chiqarar edi.

Dadam bilan bogʻda birga ishlash ham gashtli edi. Nazarimda, u oʻtlarning, daraxtlarning ham tilini tushunardi — yer chopayotgan paytimizda gʻumay va ajriqlarni bitta qolmay terib olishga undab: «Laylakning uyasida qirq yil yotgan gʻumay: «Bir yonim namga tegsa — bas», der ekan», derdi. Yoki tok tagidagi oʻtlarni yulayotganimizda: «Tok, menga soya ham, hamsoya ham kerak emas, dermish», deb qoʻyardi. Odamlar dadamni paxtaning ham tilini biladi, deb gapirishardi; shuning uchun ham uni kolxozning hosilot shoʻrosiga raislikka saylashgan. Men oʻsha paytlarda dadamning chindan ham tilsiz oʻsimliklar bilan gaplasha olishiga ishonardim. Axir, har doim oʻtlar va daraxtlarning nima deganini bizga soʻzlab berardi-da!

Dadam ba’zan tobi qochib qolgudek boʻlsa, ustiga eski chopon kiyib, oysimon katta ketmonini olardi-da, maydon chetidagi suvsiz qaqrab yotgan zayakni qarsillatib chopa boshlardi. To charchagunicha shu zaylda ishlar, soʻng ayam qaynatib qoʻygan issiq shoʻrvani ichib terga pishgancha koʻrpaga oʻralib yotar, ertasi kuni esa otdek boʻlib ishga joʻnab ketaverar edi.

Oqshomgi suhbat chogʻlarida dadam eskicha kitoblardan hikoyatlar oʻqib berardi. Men uning kitob oʻqishini juda yoqtirardim; u kitobni koʻzidan uzoqroq tutib shoshmasdan, dona-dona qilib oʻqirdi. Kechki suhbatlarimiz qish paytlari ayniqsa choʻzilar, mehmon kelganda yoki biror tasodif yuz bergandagina kanda boʻlar edi, xolos.

Dadamni «Normat polvon, yelkasi yerga tegmagan kurashchi», deyishardi. Men uning kurash tushganini hech koʻrmaganman. Keyinchalik u kurashni yigʻishtirib qoʻygan. Dadam asli juda xushchaqchaq kishi, lekin achchigʻi chiqqanda, baquvvat boʻynining tomirlari boʻrtib, yuzidan qon tomgudek boʻlib qizarib ketardi. Uning bu holatidan nihoyatda qoʻrqardim. Kechqurun supada oʻtirarkanmiz, ayam kunduzi bogʻda boʻlgan voqeani aytsa, dadamning jahli chiqib ketishini oʻylab, opamga yuragim achishar edi. Chunki, bugun «poyloqchi» men edim-da.

... Mana, kosalar birin-ketin boʻshab, dasturxonga fotiha oʻqildi. Dadam sochiq bilan ogʻzini artdi, kekirib: «Xudoga shukur», deb qoʻydi. U moʻylovini silab, yostiqqa yonboshladi-da, menga shoʻx nazar tashlab:
— Xoʻsh, «narodniy kontrol», nima gaplar bor?.. — dedi.

Hushimni yigʻib olishga majbur qilgan bu savolni boyadan beri qoʻrqa-pisa kutib oʻtirardim. Shuning uchun «Nimani gapirsam ekan?», deb oʻylanib, boshimni koʻtargan edim, menga qandaydir xavotir bilan tikilib turgan ayamga koʻzim tushib, hayron qoldim. Keyin gaplarim uncha qovushmay, Zuhra opam bilan Umri opamiing janjallashganini aytdim.
— Hm... yana nima boʻldi, qizlar? — deb soʻradi dadam opalarimdan. Men ayamga qaradim: «Hozir kunduzgi voqeani aytsa kerak». Negadir, ayam xotirjam, beparvo, gapirgisi kelmagandek oʻtirardi. U katta opamga yuzlanib:
—Bor, idish-tovoqlarni yuvib ola qol!— dedi.

Saodat opam esa sekin oʻrnidan turib, oʻchoqboshiga ketdi. Shundan soʻnggina kunduzgi gʻalva qayta qoʻzgʻalmasligiga koʻzim yetib, bir oz yengil tortdim.

Ayam rayhonnn chumchuqlardan qoʻrish uchun qoʻyilgan qogʻoz pildiroqchalarni oʻynayotgan mushukchalarga:
— Hoy, oʻlgurlar, rayhonni sindirasanlar! — deb poʻpisa qildi. Mushukchalar ura qochib, supa orqasiga oʻtdi. Ayam mushukchalarga ham, Olaparga, sigir va qoʻylarga ham xuddi odamga gapirgandek gapiraverardi.

Nazarimda, jonivorlar ham ayamning gaplariga tushunardi. U: «Boʻldi endi oʻtlaganing. Qani, bu yoqqa kel!», deb togʻorani koʻtarib ogʻilga yurishi bilan maydonda oʻtlab yurgan govmish lapanglagancha uning oldiga yetib keladi: «Qur-ay, hay-hay, qani qoʻraga!», deyishi bilan qoʻylar gurillab qoʻraga yuguradi; «Jim boʻl!», degan tovushini eshitgan zahoti hurayotgan Olapar boshini quyi egadi.

Ayamning bir soʻzini ikki qilmaydigan bu jonivorlarni men kaltaklab ham yoʻlga sololmasdim. Faqat Olapargina men bilan soz edi, chunki u nonimga sherik boʻlib turardi-da!

Ayamning yana bir qiziq odati bor edi: agar hovlimizda mol soʻyiladigan boʻlsa, ichkari uyga yashirinib olar, shu molning goʻshtidan bir tishlam ham ogʻziga olmas edi.

Ayam hovlini, darvozaning oldini doim chinnidek supurib, yogʻ tushsa yalagudek qilib qoʻyardi. Har kuni choy damlashdan oldin, albatta, choynakni qum bilan yuvar, shunday xushta’m choy damlardiki, bunga hamma tan berardi. U soch olishga ham usta edi: oddiy qaychi bilan sochimni shu qadar qirtishlab olardiki, koʻrganlar ustarada olinibdi, deb yurishardi. Umri opam roʻzgʻor ishlarida ayamning eng ishongan yordamchisi edi. U ham ayamga oʻxshab har bir ishni zerikmasdan, puxta bajarardi. Zuhra opam esa, buyurilgan ishni birpasda pala-partish ado etsa, Saodat opam kitob oʻqishga berilib ketib, ayamning aytganini unutib qoʻyar va oqibatda ikkalasi ham doim gap eshitib yurardi.

Ayam begona yigit tufayli opamni bir tarsaki urgan kunning ertasiga meni bir chetga chaqirib olib, opamni poylab yurishim, agar oʻsha yigit yana kelsa, darhol xabar qilishim haqida maxfiy topshiriq berdi.

Shu kuni Saodat opam bilan yana soʻrida uzumni chugʻurchuqlardan qoʻrib oʻtirardik, xuddi qarshimizdagi devordan kechagi yigitning boshi koʻrindi. Men, u kecha gul tikanlari ustiga yiqilib rosa tavbasiga tayangan, endi bu yerga ikkinchi qadam bosmaydi, deb oʻylab, ayamning topshirigʻini ham unutib yuborgan edim. Biroq u yana paydo boʻldi va opamning: «Bu yoqqa oʻtmang, ayam kelib qoladi», deb yolvorishiga qaramay, devordan oshib tushdi. Soʻng barmogʻi bilan menga poʻpisa qilib:
— Ha, shpionchik! Oʻgʻil bola bunday chaqimchi boʻlmaydi, — dedi, keyin esa yalingansimon ohangda: — Agar mening bu yerga kirganimni hech kimga aytmasang, senga Mirza kuloldan hushtak olib beraman, — dedi.

Hushtak haqidagi va’da menga qiziq tuyulsa-da, shu yigit sababli opamning tarsaki yeb yigʻlagani, ayamning maxfiy topshirigʻi yodimga tushdiyu qovogʻimni solib: «Siz nima deysiz?», degandek opamga qaradim. Opam esa qizargancha yer chizib turardi.

Ular yana supaga chiqib oʻtirishdi. Men esa oʻylanib qoldim. Agar ayamga borib aytgani uyga qarab yursam, ular bilib qolishadi. Bir zum nima qilarimni bilmay turgach, kallamga bir fikr keldiyu sekin nashvati tomon yurdim. Nashvatining soyasida Olapar oʻzi tirmalab ochgan kovagida tilini osiltirgancha harsillab yotardi, meni koʻrib, sevinganidan irgʻishlay boshladi. Men unga koʻpincha ovqat olib kelar, ba’zan esa kechqurunlari zanjirdan boʻshatib yuborar edim. Shunda itning boʻyinbogʻini ikki qoʻllab oʻzimga tortib turardim, u boʻlsa oldingi oyoqlariga tayanib, kallasini orqaga tortar, shunda osonlik bilan boʻyinbogʻdan qutulardi.

Olapar bugun juda erta boʻshatganimdan sevinib, irgʻishlagancha atrofimdan bir aylandi, soʻng uy tomon yugura ketdi. Uning soʻri oldida albatta toʻxtab oʻtishiga men juda ishonardim. Chunki u soʻri atrofida qolgan burda-burda nonlarni yeb oʻrgangan edi. Mana, ishni ayamga aytmay ham boplaydigan boʻldim — Olapar u kishini bu yerga ikkinchi qadam bosmaydigan qilib qoʻyadi. Men itning orqasidan yugurdim. Mana, Olapar oʻtlarni hidlay-hidlay soʻriga yaqinlashdi, begona kishini koʻrgach bir zum quloqlarini ding qilib turdiyu akillaganicha boyagi yigitga otildi. Shu sapchishda u begona odamning naq sonidan bir parcha goʻshtini uzib olishi aniq edi, biroq opam Olaparning boʻynidan mahkam quchoqlab qoldi. Yigit esa bundan foydalanib, devorga sakradi.

U devordan oshib ketgach, opam quchogʻida yulqinayotgan Olaparni qoʻyib yubordi. Alamzada Olapar akillaganicha devor oldida zir yugurardi.

Na iloj, tomosha oʻylaganimdek zoʻr chiqmadi — men Olapar begona kishini rosa piypalaydi, deb kutgan edim. Soʻridan tushib, itni tinchitishga urinayotgan opam menga qovogʻini solib bir qaradi-yu, soʻngra kulib yubordi. Chamamda, u haligi odamni boplab quvib yuborganimdan xursand edi.

Bir necha kundan keyin negadir uyimizga notanish kishilar serqatnov boʻlib qolishdi. Bir kuni dadam ishga bormadi. Ayam uylarni tozalab, yaxshi koʻrpachalardan tushadi-da, keyin xamir qildi. U tandirni qizdirayotgan paytda koʻcha eshikdan ikki koʻzi toʻla xurjunni eshagiga ortib olgan baland boʻyli erkak, uning orqasidan uch-toʻrtta ayol kirib keldi. Dadam ularni kutib olib, uyga taklif qildi. Men ayamdan bu odamlarning nega kelganini soʻragan edim, u: «Saodat opangni toʻy qilishadi», deb javob berdi. Innaykeyin nimalar boʻlishini soʻramoqchi boʻlganimda, dadam ayamga: «Dasturxon olib kel», deb qoldi.

Odamlar ketgandan soʻng ayam: — Zokirjon, chopib borib Buviniso ammanglarni aytib kelgin, — dedi.

Ammamnikidan qaytib kelayotib, Sa’dulla, Gʻaybulla va boshqa joʻralarimning ayalarini oʻzimcha toʻyga aytdim. Ular esa: «Qachon toʻy qildilaring?» deb hayron boʻlib qolishdi. Oʻz bilgimcha qilgan bu ishimni ayamga maqtanib gapirgan edim, u:
— Voy, ahmogʻ-ey, qachon men senga: «Ularni toʻyga ayt», dedim? — deb urishib berdi. Maqtov oʻrniga bunday gap eshitganim menga alam qildi.

Uyimizning soyasi supaning labiga yaqinlashib qolgan edi — demak, hademay opam maktabdan qaytadi. Toʻyi haqidagi xabarni yetkazib suyunchi olaman deb, u kelguncha koʻcha eshik oldida kutib oʻtirdim. Uzoqdan opamni koʻrishim bilanoq u tomonga chirpirak boʻlib yugurdim. U sumkasini yerga qoʻygancha choʻnqayib quchoq ochdi. Opamning quchogʻida nafasim boʻgʻzimga tiqilib, xushxabarni yetkazdim:
— Opa-chi, opa! Bugun kishilar sizni toʻy qilishdi...

Opam judayam xursand boʻlib ketadi, meni bagʻriga bosib erkalaydi, deb oʻylagan edim, u esa xuddi bir narsadan choʻchigandek birpas jim qoldi-da, meni bagʻridan boʻshatib, uyga qarab yurdi: hovliga kirayotib birdan oʻkirib yubordi. Sumkasini supaga otib, yigʻlagancha kichik uyga kirib ketdi. Men tamoman hayratga tushib qoldim, opamning sumkasini koʻtarib, eshik oldiga keldim-u, ichkariga kirishga yuragim betlamadi. Shu payt uydan ayam chiqib qoldi, uning ham koʻzlari yosh... Meni koʻrdiyu tars etib betimga shapati urdi. Busiz ham birov bir ogʻiz qattiq gapirsa, «Dod», deb yuborgudek boʻlib turgan edim, ayamning tarsakisi juda ogʻir botdi, xoʻrligim kelib, «shaytonlab» yigʻladim. «Suyunchi» oʻrniga shapaloq yeganim alam qilar, nohaq urgani uchun koʻz yoshlarim bilan ayamning rahmini keltirmoqchi boʻlar edim. Agar shu tobda ayam meni bagʻriga bosib: «Boʻldi, qoʻzichogʻim! Men seni bilmasdan urib yuboribman!», desa, yigʻini darhol bas qilgan boʻlardim. Lekin ayam mening koʻz yoshlarimga parvo qilmay, parishon holda uyga kirib ketdi.

Umri opam meni yetaklab, supadagi koʻrpachaga oʻtqazib qoʻydi.
— Boʻldi endi, Zokirjon! Yigʻlamasang, senga toʻyning holvasidan beraman, — dedi u meni ovutmoqchi boʻlib.

Men esa unga quloq solmadim. Oxiri yigʻlay-yigʻlay supada uxlab qolibman.

* * *

Husayni uzumimiz gʻarq pishgan payt edi. Bir kuni ertalab opam meni barvaqt uygʻotdi. Bu tong juda ajoyib edi: uzoq-uzoqlarday maktabga chorlovchi karnaylarning baland tovushi eshitilar, quyosh ham endigina uygʻongan edi. Men koʻzlarimni uqaladim.
— Zokirjon, qani, turaqol, bugun maktabga borasan.

Men shoshib supadan tushdim. Axir bu kunni men anchadan beri orziqib kutardim-da! Oʻzimni birdan katta boʻlib qolgandek his qilib, har kuni erinchoqlik bilan bajaradigan ishimni zoʻr ishtiyoq bilan ado etdim: ishkomning ustuniga mixlangan qoʻl yuvgichda hafsala bilan yuvindim. Keyin opam kiyinishimga yordamlashdi. Yangi kiyimlarim — zangori doʻppim, qora shimu oq koʻylakcham biram chiroyli, qora tufligim yaraq-yaraq qiladi. Chap qoʻlimda bir dasta gul, oʻng qoʻlimda esa qora portfel koʻtarib maktabga borishga shay boʻlib turganimda, Zuhra va Umri opamlar ham uygʻonib, shosha-pisha kiyina boshlashdi. Men ularga oʻzimni koʻz-koʻz qilib, u yoq-bu yoqqa bir necha bor yurdim. Soʻng Saodat opam qoʻlimdan ushlab: «Qani, ketdik», dedi, Opam sumkasini olmadi — u endi oʻqishni bitirgan, har kuni dalaga qatnaydi. Bugun esa meni maktabga olib borish uchun ishga chiqmagan edi. Hovli eshigidan chiqayotganimda, ayam peshonamdan oʻpib, shimchamning choʻntagiga konfet solib qoʻydi.

Yoʻlda borarkanmiz, hamma menga havas bilan qarayotgandek tuyular, quvonchim ichimga sigʻmas edi. Karnay tovushi borgan sari yaqinlashaverdi. Katta yoʻlga chiqqanimizda menga oʻxshab yetaklashib kelayotganlar koʻpayib qoldi. Nihoyat, koʻp bolalar toʻplanib turgan katta oq binoning hovlisiga yetib keldik. Bolalar toʻpidan beriroqda boʻynida Zuhra opamnikiga oʻxshagan qip-qiziq galstuk hilpiragan bir bola zoʻr berib karnay puflar, yonidagi oʻrtogʻi esa nogʻoraga oʻxshagan bir narsani ikkita tayoqcha bilan gumburlatib chalar edi.

Opam bolalarning oldida turgan oppoq sochli kishini menga koʻrsatib, qulogʻimga shivirladi:
— Oʻsha sening mualliming — Ermat Yoʻldoshev boʻladi. Borganingda salom bergin-a!

Opam meni muallimning oldiga yetaklab bordi. Men u oʻrgatgandek qilib salom berdim.
— Vaalaykum assalom! Barakalla, odobli bola. Otlari? A? Zokirjon. O, juda yaxshi, juda yaxshi.

U kiftimga sekingina qoqib, ikki qator boʻlib turgan bolalar safiga meni ham qoʻshib qoʻydi. Joʻram Poʻlat shu yerda, u mendan-oldinroq kelib olgan ekan. Opam xayrlashib-ketayotganida, begona bolalar ichida qolayotganimdan koʻnglim gʻash tortdi, lekin muallimning muloyim kulimsirab turganini, koʻrib bir oz tinchlandim. Uning qoshlari oʻsiq, qisiq koʻzlarining tevaragi taram-taram ajin, qizilmagʻiz yuzida mayda tomirlar qontalash. U jilmayganda yuzi yanada qizarib ketar, koʻzlarida ajib bir mehr porlar edi. Ayni damda u xuddi uyiga aziz mehmon kelganda oʻzini qaerga qoʻyishni bilmay qolgan odamga oʻxshab, har birimizga alohida mehribonchilik koʻrsatmoqda edi.

Bir payt qoʻngʻiroqning jiringlagan tovushi xayolimni boʻldi. Karnay, nogʻora tovushi tingan, bilagiga qizil bogʻich bogʻlab olgan bir qiz mis qoʻngʻiroqni jaranglatib chalgancha: «Darsga! Darsga!!», deb qichqirar edi.

Nihoyat, muallim bizni saf bilan yurgizib, oq binoning ichiga olib kirdi va boʻy-boʻyimizga qarab partalarga oʻtqazdi.

Men oʻrtaroqdagi partadan, oppoq yuzida qora xoli bor bolaning yonidan joy oldim. Boya tashqaridaligimizda muallim:
— Sen Hoshim nonvoyning oʻgʻlimisan? Isming nima? Ikrom? He, balli! — deb, uni mening yonimga turgʻazib qoʻygan, bu bolaning otini shunda bilib olgan edim. Uning koʻk koʻzi nimasi bilandir mushukning koʻziga oʻxshab ketardi.

Bizdan oldingi partada Ozod va Musulmon degan bolalar oʻtirishardi. Ular bizdan bir yosh kichik boʻlgani uchun muallim qaytarib yubormoqchi boʻldi. Lekin ikkalasi ham shunday baqirib yigʻlab berdiki, oqibatda muallim fikridan qaytdi...

...Shu kuni men uyimizga behad quvonch bilan qaytdim. Hamma narsa menga yaxshi tuyulardi. Hamma narsa!..

* * *

Saodat opamni yanada yaxshi koʻrib qoldim. U har kuni kechqurun dars tayyorlashimga yordamlashar, bilmagan raqamu harflarimni qunt bilan oʻrgatardi. Opam bilan dars tayyorlash men uchun juda maroqli edi, chunki u muallimimizga oʻxshab muloyimlik bilan erinmay tushuntirardi. Zuhra va Umri opalarim boʻlsa, «E, shuni ham bilmaydi», deb achchigʻimni chiqarishardi. Shuning uchun sira ham ularning oldida dars tayyorlamasdim. Umri opam gapirsa mayliku-ya, lekin Zuhra opam avval oʻziga boqsa boʻlardi. U yaxshi oʻqimagani uchun bir yil sinfda qolib, oʻzidan bir yosh kichkina Umri opam bilan oʻqir, dars tayyorlashdan koʻra roʻmolcha, toʻr toʻqishga koʻproq qiziqar edi. Umri opam juda chiroyli yozardi, masalalarni ham qiynalmasdan yechardi. Zuhra opam doim unga: «Ishlagan masalangni koʻchirib olay, jon singlim, keyin nima desang qilaman», deb yolvorib yurardi. Shunda Umri opam: «Yoʻq, avval molning tagini tozalang, qoʻylarga oʻt oʻrib soling, hovlini supuring, soʻng koʻchirtiraman», deb daftarini oʻzi bilan olib ayamga qarashgani ketardi. Zuhra opam apil-tapil hamma ishni bajarib borganda, Umri opam kulib: «Bari bir, muallim oʻzingiz ishlamaganingizni biladi», deb qoʻyardi.
— Gʻam yema, singiljon! — derdi Zuhra opam bir koʻzini qisib. — Ikki-uch joyini xato koʻchirsam, muallimjon ham ishona qoladi.

Umri opamni hamma «Juda aqlli qiz», deb maqtardi. Uning oʻng betida va sochining farq ochiladigan joyida pashshaxoʻrdadan tamgʻadek iz qolgan; qalin, qora qoshlari oʻgʻil bolalarnikiga oʻxshab ketar, qop-qora koʻzlari kishiga xotirjam, oqilona boqardi.

Uni dadam ham, ayam ham deyarli urishmas edilar. U doim koʻngildagidek ish tutar va doim maqtov eshitardi. U darslarni ham hammamizdan avval osongina tayyorlab boʻlardi.

Bizning shaxsiy kutubxonamiz ham, yozuv stollarimiz ham yoʻq edi. Darsni giloslarning soyasida, ishkom ostida yotib, oʻtirib tayyorlayverardik. Men yod olib kelish topshirilgan she’rlarni koʻpincha eshak ustida, dadamning oldidan oʻt olib qaytayotganimda takrorlab kelardim.

Shanba kuni Saodat opam dalaga chiqmadi. Ayam bilan oshqovoq somsa qilishdi. Kechqurun bir laganga somsa bostirib, opam ikkalamiz Beshquvurdagi Hanifa xolamnikiga mehmondorchilikka ketdik. Xolamning bolalari alohida roʻzgʻor qilib chiqib ketishganidan katta hovlida Murod bobom ikkalasigina turishardi. Xolam har borganimda bagʻriga bosib, aylanib-oʻrgilar, qutisidan turli-tuman konfetlar olib, choʻntagimni toʻldirib qoʻyar edi. Uning chehrasi ham, tovushi ham ayamga juda oʻxshab ketardi.

Avtobusdan yangi shaharda tushib, xolamlar turadigan koʻchaga burilayotgan edik, orqamizdan men «Ajina» deb oʻylagan oʻsha yigit kelib qoldi. U opam bilan quyuq soʻrashdi, menga mehribonchilik koʻrsatib, shimimning choʻntagiga qovrilgan pista solib qoʻydi.
— Koʻrinmaysiz? — dedi u opamga qarab.
— Mana, koʻrinyapmiz-ku, — dedi opam yerga tikilgancha. Yigit kulimsiradi. Ular shu tarzda ancha gaplashib turishdi. Men pista chaqqancha koʻchaning narigi tomonidagi oʻrdak-gʻozlarning suvda suzgandek sollanib yurishini zavqlanib kuzatardim. Beixtiyor ularning ortidan ergashib ketibman. Bir mahal qarasam, xolamning uyi oldiga kelib qolibman. Bunga avval uncha ishonmadim, lekin koʻkka boʻyalgan naqshinkor katta darvozaga diqqat bilan razm solgach, bu xolamning hovlisi ekanligiga ishonch hosil qildim. Darvozaning kichik eshigini ochib ichkariga yugurib kirdim. Hovli supurib yurgan xolam:
— Voy aylanay, katta boladan! — deb quchoq ochdi. Peshonamdan oʻpib erkalarkan:— Bir oʻzing keldingmi? — deb soʻradi hayron holib.
— Yoʻq, opamlar bilan.
— Opang qani?
— Hov anatta, bir odam bilan gaplashib turibdi.
— Qanaqa odam? — deb soʻradi xolam xuddi ayamga oʻxshab, soʻng meni yetaklagancha koʻchaga chiqdi. Opamning qorasi koʻrinmasdi. Yana qaytib, hovliga kirdik. Xolam supurindini bir yerga toʻplayotib, ayamdan boshlab Lolagacha uydagilarni bir-bir soʻrab chiqdi. Ishini bitkazib, yana koʻchaga bir chiqib keldi: «Ahmoq, koʻchada birov bilan shuncha gaplashib turadimi?», deb opamni koyiy boshladi. Keyin, uyga kirib, yopinchigʻini yopindi-da, qoʻlimdan ushlab:
— Qani, yur-chi, u bemaza shu paytgacha koʻchada nima qilib yurgan ekan? — dedi. Koʻchaning oxiriga yetib borib qarasak, ikkovi hanuz gaplashib turishgan ekan. Opam dastlab bizni sezmadi, keyin boshini koʻtarib xolam bilan menga koʻzi tushdiyu haligi yigitga qaramasdan ham zipillab biz tomonga yurdi. Xolam opam bilan koʻrishmasdan yigitga bir qaradiyu yuzini yopinchiq bilan toʻsib, opamni urisha ketdi:
— Uyalmaysanmi koʻchada shunaqa qilib turgani? Urugʻingda yoʻq, aymogʻingda yoʻq nagʻma sendan chiqadimi? Marg-e, sanday qizga!

U shunday deya shartta orqasiga burildi. Opam boshini egganicha oldimizga tushib kelardi.
— Sharm-hayosizning pochchang bilan turishini qara?! Uyga borganda barisini aytib ber. Toʻyni tezroq qilmasa, bu uyatsiz hammamizni sharmanda qilib, kuyovinikiga qochib ketib qoladi!

«Pochchang?! Men «ajina», deb oʻylagan kishi pochcham ekan-da, endi bildim!»

Xolamning jigʻibiyron boʻlib koyishiga quloq solmay, pochchamni koʻrganimdan sevinib ketdim. Xolamnikida bir kun yotib, qaytganimizdan soʻng sevinchimni dadamga oshkor qilganimda, bu yana bir gʻalvaga sabab boʻldi. Hovliga kirib kelgach, choy koʻtarib kelayotgan ayamga koʻzim tushdi. Ayam salomimizga alik olib, opamga: «Sen oshxonaga kiraver, ichkarida odam bor», deb uyga kirib ketdi. Men ayamning orqasidan ergashdim.

Katta uyda uch kishi: oq roʻmol oʻragan, semiz bir kampir (u quda tomondan ekan), ammamning qizi Mahbuba opam, dadam oʻtirishibdi. Kirib sekin salom berdim.
— Vaalaykum assalom. Keldingizmi, ota oʻgʻil! Xolanglar, opanglar bilan koʻrish, — dedi dadam. Men mehmonlar bilan qoʻl berib koʻrishdim, ular meni «Yaxshi bola», deb maqtashdi, keyin dadamning yoniga chiqib oʻtirdim. Dadam xolamlarning hol-ahvolini, kimlarni koʻrganimni surishtirdi.
— Pochchamlarni koʻrdim, — dedim sevinchimni izhor qilgani vaqt yetganini bilib. Qiziq, bu gap negadir hammani hayron qoldirdi. Men tutila-tutila boʻlgan voqeani ayta boshladim. Mening gaplarimdan mehmon xola sevinib oʻtirar, Mahbuba opam negadir oʻqrayib qarab qoʻyar, dadamning xursand boʻlayotganini ham, achchigʻi chiqayotganini ham bilib boʻlmas edi. Ayam esa tashqariga chiqib ketdi. Mehmon xola ketgandan soʻng, dadam oshxonadan ayam bilan opamni chaqirib oldi. Uning boʻyin tomirlari boʻrtib, yuzidan qon tomgudek qizarib ketdi, ayamga qarab oʻshqira boshladi:
—Buningning hamma qilmishlarini eshitib yuribman. Hali tor koʻchada, hali maktabning oldida kuyovi bilan gaplashib turarmish. Quda tomondagilardan qochmasmish. Bu qanaqa surbetlik! Bilib yuribman-u, indamayapman-da! Lekin barisini yigʻib, bir boplayman!..

Opam bechora boshini koʻtara olmay piq-piq yigʻladi. Dadam oʻshqira-oʻshqira koʻchaga chiqib ketdi. Shundan keyin hamma menga yopishdi:
— Ikkinchi marta buni biror joyga olib yurmang! Shunaqayam gap terib yuradigan bola boʻladimi? — Mahbuba opa opamni ovutishga harakat qilib hadeb meni urishardi. Men burchakda lab-lunjim osilib oʻtirib qoldim. Hamma, ayam ham meni urishdi-yu, ammo opamning oʻzi bir ogʻiz ham achchiq gap aytmadi.

* * *

Men maktabdan daftarimga «3 oktyabr, shanba», deb yozib kelgan kunim kechqurun Saodat opamning qiz majlisi boʻldi. Opamning uch-toʻrt dugonasi katta uyga yangi kigizlar solib, baxmal koʻrpachalar toʻshashdi; devorlarga palaklar qoqib, opamning hamma yangi koʻylaklarini ilishdi. Shundan keyin uyimiz juda chiroyli boʻlib ketdi.

Hovlimizning oʻrtasiga gulxan yoqildi. Guruh-guruh qizlar: «Qani, kelinning sarpolarini koʻraylik», deb uyga kirib bir dam oʻtirishar, koʻylaklarni sanab, shohi, gʻijim roʻmollarni maqtagancha gulxan yoniga kelishar edi.

Men oʻrtoqlarim bilan gulxan tevaragida bazm boshlanishini betoqatlik bilan kutib, gulxan taftida doirasini qizdirayotgan Ali childirmachi bilan dutorini tingʻillatayotgan Soli qilpillamaning yonginasida turardim.

Nihoyat, doiraning «gijbangi» yurakni titrata boshladi. Davraga bir qora qiz chiqdi, quloch yozgancha borib qizlar toʻdasiga yaqinlashdi-da, oldinroqda turgan nozikkina qizning qoʻlidan ushlab davraga olib tushdi.
— «Tanovar»ga chaling, — dedi u dutorchiga, qoʻlidan chiqib ketmoqchi boʻlib yulqinayotgan qizni mahkam tutib.

Soli qilpillama: «Xoʻp boʻladi», deb jilmayib qoʻydi-da, Ali childirmachiga «Boshladik!» ishorasini qildi.

Ogʻir bir kuy yangradi. Sozandalar yaqinida turgan qizlar bir-birlariga qarab olishdiyu qoʻshiqni boshlab yuborishdi:

    ... Oq ilon, oppoq ilon,
    Oydinda yotganing qani?
    Men yomondan ayrilib
    Yaxshini topganing qani?..

Qora qiz dugonasini qoʻyib yubordi, u oʻrtada bir oz egilib turdi-da, soʻng gavdasini ajoyib toʻlgʻantirib, oʻyinga tushib ketdi. Endi ashulani koʻpchilik qizlar joʻr boʻlib aytishmoqda edi:

    Oh urarman, oh urarman,
    Ohlarim tutgay seni.
    Koʻz yoshim daryo boʻlib
    Baliqlari yutgay seni.

Katta uyning derazasi oldida turgan, roʻmolga oʻranib olgan Saodat opam toʻsatdan meni imlab chaqirdi. Yugurib oldiga bordim.
— Ma, bu roʻmolchani anavi opangga ber,— deya u qoʻlimga shohi roʻmolcha tutqazdi.

Men oʻrtoqlarimning orasidan yorib oʻtib, oʻyinchi qizga roʻmolchani tutqazdim. U qoʻlidagi bir dasta roʻmolchani yengil silkitib, kulimsiradi, keyin mayin tovush bilan: — Rahmat, ukacha! — deb qoʻydi.

Shunda koʻzim uning timqora koʻzlari bilan toʻqnashib qoldi. Negadir qizarib ketdim. Qiziq, qandaydir bir orziqtiruvchi his yuragimni jigʻillatib, hayajonga solmoqda edi.

    Koʻhi Qofdan keladur
    Sharsharaning ovozasi.
    Nomunosib yorni deb
    Boʻldim jahon ovorasi.

Qizlarning hasratli tovushi, musiqa nolasi, oʻrtada raqs tushayotgan qizning kuyga monand harakatlari, qoʻllarining madad tilagandek toʻlgʻanishi menga juda qattiq ta’sir qildi. Negadir yigʻlagim keldi. Atrofga qarasam, boshqalar ham jim boʻlib qolishibdi. Oradan talay vaqt oʻtgach, nogoh koʻtarilgan qiyqiriq tovushlaridan oʻzimga keldim. Qarasam, boyagi qiz davradan chiqib ketgan, oʻrtada beqasam toʻn, etik kiygan, faqat koʻzlarigina ochiq, roʻmol ustidan chust doʻppini bostirib olgan bir qiz «yigit» boʻlib toʻr parda yopingan qiz bilan shoʻx kuyga yoʻrgʻalab oʻynardi. Bu mashhur «Kelin va kuyov» raqsi edi. Hamma qiyqirib qarsak chalardi.

Oʻyin-kulgi qanchalik qiziq boʻlmasin, baribir uyqudan zoʻr kelolmadi. Qizlar majlisini oxirigacha koʻrolmay, kichik uydagi karavotda dong qotib qolibman.

Ertalab uyqudan turib hovliga chiqqanimda, oʻchoq oldida Nozik opam bilan uning onasi Tuhfa xola qozon-tovoq yuvishar, Zuhra va Umri opam kechagi gulxandan qolgan kul aralash choʻgʻni xokandoz bilan katta qozon osilgan oʻchoqqa tashirdilar.
— Ha, uyquchi, ana shunaqa uxlab qolaversang, bugun kechasi Saodat opangni «ola-boʻji» oʻgʻirlab ketib qoladi, — dedi menga Nozik opa.

Bu gapga uncha parvo qilmadim. Chunki bizni qoʻrqitishmoqchi boʻlishganda doim: «Ola-boʻjiga berib yuboraman», deyishardi.
— Qoʻy, bola bechoraning yuragini yoribnima qilasan? Qara, koʻzlari gʻiltillab ketyapti,— deya Tuhfa xola Nozik opani urishib berdi. Shu payt katta uydan ayam xomush qiyofada chiqib keldi-da, Tuhfa xolaga qarab:
— Uh... Tuhfa, xuddi yuragimning bir tomoni oʻpirilib ketayotgandek!.. — dedi.
— O, Xoljamoloy! Ming qilsa ham qiz bola — kishi bolasi! Nima qilasiz, chidaysiz-da. Ana bulardan oʻrgilsin, — deya Tuhfa xola menga ishora qildi. — Koʻnglingizni ham, uyingizni ham shular toʻldiradi.

Men ayam va Tuhfa xolaning gaplaridan, Nozik opaning hazilidan opamni hov oʻsha men «ajina» deb oʻylagan yigitnikiga olib ketishlarini seza boshladim. Nahotki opam bizni tashlab, begona joylarga ketib qolsa?!

Kechgacha opam uyda koʻrinmadi.

Kechqurun biznikiga qishloq yigitlari, qoʻshnilarimiz yigʻilishdi. Hamma kimlarnidir kutib olishga taraddudlanardi: maslahat kuni kelishib olinganiga binoan birov oshpazga qarashar, birov samovar qaynatar, birov koʻcha eshigimiz oldiga oʻtin tashib gulxan yoqishga tayyorgarlik koʻrardi.

Bir vaqt uzoqdan karnay-surnay tovushi va shodon qichqiriqlar eshitila boshladi. Odamlar: «Kuyovnavkar kelyapti, kuyovnavkar kelyapti», deya chaqqon-chaqqon qimirlab qolishdi. Qiyqiriq sadolari borgan sari yaqinlashib kelar, shovqin-suronni bosib yigitlarning balandroq qoʻshigʻi eshitilar edi:

    Tomda tovuq yotadi, yor-yora-yoringman,
    Oyogʻi shamdek qotadi, yor-yora-yoringman...

Qoʻshiqning oxiri qichqiriqlar ostida koʻmilib ketdi.

Hamma qatori men ham koʻchaga yugurdim. Eshigimizning oldida lovillab gulxan yonmoqda edi. Koʻchadan gurros suron bilan bir toʻda yigit kelar, saf oldida beliga shohi qiyiq bogʻlagan xipcha qomatli yigit karnay-surnay ovozi va qoʻsh doira gijbangiga qushdek yengil raqs tushar, har zamonda qoʻllarini qanotdek yozib doʻstlari tomon uchib kelib, «Ha-ha-a!» deb qichqirar edi. Shunda yigitlarning qiyqiriqlari yeru koʻkni tutib ketardi. Yigitlar shu zayl ancha oʻyin qilgach, Isajon togʻaning taklifi bilan yoʻl-yoʻl beqasam toʻn kiygan pochchamning atrofini oʻrab, uyga qarab yurishdi. Hamma kuyovni koʻrishga harakat qilardi-yu, hech kim aniq koʻrolmasdi. Yigitlar toʻrdagi katta uyga kirishdi. Kuyovnavkarlarga avval palov, soʻng mastava tortildi. Turli xil shirinlik, somsa, qatlamalardan keyin fotiha oʻqilgach, kuyov tomon yigitlari tashqariga chiqib, uyning ostonasi oldida turib olishdi. Bizning qishloq yigitlari ham ularga qoʻshilishdi.
— Qani, kuyovtoʻra, poyandozni bossinlar! — degan tovushlar eshitildi. Men poyandoz haqida koʻp eshitgan boʻlsam-da, hech koʻrmagan edim, supaga chiqib, qiziqish bilan kuzata boshladim.
— Toʻxta! Bosma, kuyov! — deb barvasta bir yigit ostonaga chiqib turib oldi. — Yigitlar! Poyandozni qirqib qoʻyishibdi-ku! Qirqilgan poyandozni oyimqizlar tortishadi. Qiz taraf yigitlarining kuchi yetmasa, oʻzimizga qoʻyib bersin!

U kimdir ushlab turgan poyandozni zarb bilan tortib olib, hovliga uloqtirdi. Hammayogʻi qirqilgan atlas mato oyogʻim ostiga kelib tushdi. Xotin-xalaj chuvillashib ichkaridan yangi poyandoz olib chiqishdi.
— Kuyov, ana endi bosing! — deb qichqirdi kimdir. Kuyov poyandozni bosdimi, bosmadimi, men koʻrolmadim. Yigitlar birdan gurillagancha poyandozni tortib ketishdi. Qaerdandir Ali childirmachi paydo boʻlib qolib, supaga chiqib oldi-da, doirasini gumburlatib chala ketdi. Shuncha yigit bir toʻp boʻlib oʻrtadagi poyandozga yopishib qolgandek, hovlining hali u tomoniga, hali bu tomoniga siljishar, oyoqlarning tapur-tupuridan yer larzaga kelar edi. «Hoy yigit, qoʻlingizga hushyor boʻling, poyandoz bilan qoʻshib sugʻurib olmay!», «Oʻzlari hushyor boʻlsinlar!», «Kim u, pichoq solayotgan nomard?!» —degan xushchaqchaq qichqiriqlar, kulgi eshitilardi. Tortishuv qizigandan qizib borar, Ali childirmakash ham tobora avjiga chiqardi.

Bir mahal boyagi ostonada turib olgan yigitning: «Qani, yigitlar, menga qara-yu, ha-ha-a...» — degan hayqirigʻi eshitildi, toʻp koʻcha tomonga qarab siljib keta boshladi. ...Anchadan soʻng bizning qishloq yigitlari boʻshashgancha qaytib keldilar. Ular yaxshi birlashib tortishmagani uchun bir-birlarini koyishib, bittasi yulqib olgan bir parcha poyandozni: «Tumor qilamiz», deya boʻlib olishdi.

Bosim aka yengiga qarab kular — koʻylagining bir yengi yoʻq edi: kimdir poyandoz deb oʻylab tortib ketibdi.

Shundan soʻng men hali uyda, hali oʻchoqboshida oʻralashib yurdim. Hanuz Saodat opam kelmagan edi. Kimdandir uning Nozik opamlarnikida ekanini eshitib qoldimu oʻsha tomonga yugurdim. Opam bir dugonasi bilan Nozik opamlarning mehmonxonasida oʻtirgan ekan.

Men asta uning yoniga borib oʻtirdim-da, yengidan sekin tortib:
— Opa, ketmaysiz-a? — deya koʻzlariga tik boqib, yolvorib soʻradim. Opamning: «Ketmayman, aylanay, ketmayman, uyimizni, seni tashlab qayoqqa boraman?», deyishini kutardim. Ammo u menga soʻzsiz moʻltirab termildi, koʻzi jiqqa yoshga toʻldi, kiprigidan uzilgan bir necha tomchi yosh yuzidan yumalab, betimga tomdi. U meni bagʻriga mahkam bosgancha yigʻlardi.
— Hech qayoqqa ketmaysiz, opajon! Ketmaysiz! «Ketmayman», deng! — deya opamning tizzasiga yuzimni surtib men ham yigʻlab yubordim.

Yigʻidan boʻshashib, charchab, opamning quchogʻida uxlab qolibman...

Ertalab koʻzimni ochganimda, opamning quchogʻida emas, toʻshakda yotardim. Bu menga juda ham alam qildi, uyga qarab yugurdim. Chopib borar ekanman, nazarimda, opam uyda biror yumush qilib yurgandek tuyuldi.

Qatta uyga kirdim, kechagina yasogʻlik bu uyda bugun hech narsa yoʻq edi. Kichik uydagi sim karavotda esa dadam uxlab yotardi. Uyda boshqa hech kim yoʻq! Hovlida ham... Oshxonada ham... Hammayoq huvillab qolgan edi! Hamma, hamma, hatto opam ham meni aldab ketgan edi. Bu men uchun chidab boʻlmas xoʻrlik edi!!! Supaga oʻtirib ezilib-ezilib unsiz yigʻladim. Yigʻlagan sari yigʻlagim kelar, koʻz yoshlarimni sira ham toʻxtata olmas edim...

* * *

Oradan oʻn yil oʻtdi. Ma’sum bolalik ortda qoldi. Goh u soʻqmoqqa, goh bu soʻqmoqqa burilib, oʻsmirlikning notekis yoʻllarini bosib oʻtib, kattalar dardiga sherik boʻlib qoldim. Endi esa ortimga qarar ekanman, oʻsha totli xotiralar yuragimni sevinchga toʻldiradi; beixtiyor bolalik chogʻlarimga qaytgim keladi: supada boʻladigan qiziq gurunglarimizni, murgʻak ongim bilan opamning diliga ozor berganlarimni, majlis kuni «Tanovar»ga oʻynagan qizni, opamni unashtirishgandagi hangomalarni shunday huzur qilib eslaymanki... Bularning hammasi umrim daryosining qaytmas toʻlqinlari...

Hozir opam bilan pochchamning qoʻgʻirchoqdek-qoʻgʻirchoqdek ikki oʻgʻli bor. Bir kuni ularnikiga borganimda pochcham men sabab boʻlib, na’mataklar ustiga qulaganini, bilib-bilmay opamni nazoratga oldirib qoʻyganimda qiynalganlarini esga oldi. Rosa kulishdik. Pochcham kulgidan oʻzini zoʻrgʻa tiyib:
— Saodatoy, bu kishi mendan puxta chiqib qoldi, — dedi.
— Nega endi? — deya hayron boʻlib soʻradi opam.
— Ha, bu kishi puxta — ukasi yoʻgʻidan topibdi!

Butun tanamdan lovillab «isitma» chiqib ketdi, yer chizib qoldim...