OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTurobjon Maqsudov
Asar nomiShimol shu’lalari ostida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Turobjon Maqsudov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shimol shu’lalari ostida (hikoya)
Turobjon Maqsudov

Qutb orti oʻlkasining tabiati ajoyib: qish kunlari qor ustiga qor yogʻadi, ayoz avj olgan paytda tashqariga chiqqan kishining mijjalaridagi nam muzlab, kipriklar bir-biriga yopishib qoladi, hatto sharsharalar ham tilsizlanib, shu holicha muzlaydi. Tushdan soʻng atrofga asta-sekin tuman tushib, qutb tuni borliqni oʻz bagʻriga oladi.

Fevral oyining soʻnggi tunlari. Hammayoq oppoq qor, qahraton sovuq avj olgan. Ufqdan koʻtarilgan oqimtir-koʻk, xiyol gunafsha rangda tovlanuvchi shimol shu’lalari somon yoʻlidagi yulduzlarni bekitib qoʻydi, ular bir-birlarini quvgandek shiddat bilan jilvalana boshladi. Bu manzara osmonning goh u burchagida, goh bu burchagida takrorlanar, kamalak nusxa ranglar bir-biri bilan husn talashayotganga oʻxshar, soʻng koʻkda kishini lol qoldiradigan ajib goʻzallik namoyon boʻlar edi.

Kechki sayrga chiqqan Bahrom doʻstlari bilan polk maydonida bu manzarani zavqlanib kuzatardi. Bir payt Xachik Abramyan degan shoʻx yigit yonida turgan aloqachilar boʻlimining komandiri, katta serjant Springlovni turtib Bahromga ishora qildi.
— Hoy, Bahrom! Sen bu yerda tentakka oʻxshab, shimol shu’lasidan koʻzingni uzolmay qolding. Vaholanki, Oʻzbekistoning hozir bundan ham goʻzal boʻlib ketgandir, — dedi Vitya Springlov kulimsirab.
— E, nimasini aytasan, — dedi Bahrom.— Yana besh-olti kundan keyin bizning qishloqlarga bahor kiradi! Sen kallavaram koʻklamda u yerlar qanday chiroyli boʻlishini bir koʻrsang edi!

Bahrom koʻzlarini yumgancha qadrdon qishlogʻini, bahor paytlari oppoq-oppoq gullaydigan bodom-oʻriklarni, lolaqizgʻaldoqlardan lov-lov yonadigan Jizzax dashtlarini, sochlariga tolpopuk taqib yalpiz teradigan qizaloqlarni, charaqlagan yulduzlar yogʻdusiga koʻmilgan oydin tunlarni eslab ketdi.

Doʻstlari Bahromdan bu gaplarni bir necha bor eshitgan boʻlsalar-da, doimo maroq bilan tinglashar, oʻzlarini ajib bir xayoliy gulistonda kezib yurgandek his qilishar edi. Bahrom toʻlqinlanib hikoyasini davom ettirar, atrofda oppoq qor, uning dilida esa bahor qulf urardi.
— Bahrom, shartnomani unutganing yoʻqmi? Xizmat tugashi bilan qishlogʻingga birga ketamiz-a? Shuncha maqtagan joylaringni bir koʻraylik-chi, — dedi Springlov.
— Yigitlar, meni ham olib ketmaysizlarmi? Toʻyib kabob yerdik-da! — deb uh tortdi askarlar «Boʻgʻirsoq» deb ataydigan norgʻul Misha Girfanov.
—Hey, qorning teshilsin, «Boʻgʻirsoq!» Ovqatdan boshqa ham darding bormi oʻzi! — Springlov telpagi bilan Mishaning yelkasiga bir tushirdi. «Boʻgʻirsoq» Springlovga javob qaytarish oʻrniga, telpakni yonida irshayib turgan Xachikning yuziga qarab otgan edi, u chaqqonlik bilan kallasini burib qoldi, telpak yuziga sal tegib oʻtishi bilan «Boʻgʻirsoq»ni mahkam quchoqlab, qorga yiqitdi. «Qoʻymaysan, Xachik!» — deb xaxolab kulayotgan Vityani Bahrom chaqqonlik bilan chalib koʻkragidan itarib yubordi. Yigitlar qiyqirgancha bir-birlari bilan olisha ketishdi.

Ular yana bir necha oydan soʻng burchlarini oʻtab, uylariga qaytishadi, har biri oʻshanga necha kun qolganini sanab, oʻtgan kunlarni yonidagi kalendardan oʻchirib qoʻyadi. Bahrom har tong kalendarni qoʻliga olardiyu totli xayollarga choʻmib qolardi. U asli Jizzaxning Ravotlik qishlogʻidan boʻlib, maktabni bitirgach, mexanizatorlar kursida oʻqidi. Soʻng choʻldagi «Paxtakor» sovxozida mexanizator boʻlib ishladi. Birinchi yili yuz tonnadan oshirib paxta terdi. Boʻlim boshqaruvchisi Yoʻldosh aka: «Yanagi yil oʻzingga yangi «Oʻzbekiston» mashinasidan olib beraman», deb va’da qilgan edi, lekin bu va’da amalga oshmay qoldi: koʻklamda Bahrom harbiy xizmatga chaqirildi. Yoʻldosh aka Bahrom bilan xayrlashayotib: «Seni shu yerda kutamiz. Eson-omon kelsang, bitta «Oʻzbekiston» seniki», deb qolgan edi.

Bahrom shularni oʻylarkan, yuragi entikib ketdi. Keyingi paytda uydan, oʻrtoqlaridan kelayotgan xatlarni qayta-qayta oʻqir, qishloqdagi yangiliklar uni juda qiziqtirar edi: axir, ikki yilda ozmuncha oʻzgarishlar boʻlmaydimi? Oʻrtoqlaridan biri oʻz xatida Yoʻldosh akaning yangi sovxozlardan biriga direktor boʻlib tayinlanganligini yozibdi. Bu xabarni oʻqib Bahrom juda quvondi, xizmat tugashi bilan toʻgʻri shu sovxozga borishga ahd qilib qoʻydi.

U boʻlinmaning mexanik-haydovchisi edi Rota komandiri: «Sening yoningda hatto qil-koʻprikdan oʻtayotganda ham qoʻrqmasdan oʻtirsa boʻladi!», derdi. U mashinasiga qarashdan erinmas, hamma ishni zavq-shavq bilan puxta bajarardi. Lekin xizmatning soʻnggi oylari nazarida juda sekin oʻtayotgandek... Na iloj, vaqt tizginini hech kimga tutqazmaydi! Shunday boʻlsa-da, kunlar ketidan tunlar oʻtib, may oyi boshlanishi bilan qorlar batamom erib ketdi, qutb orti tabiati ham bahor hukmiga boʻysundi: qirlarda dastlab moxlar, oʻtgan yildan qolgan xazonlar nish urdi, soʻng asta-sekin boshqa oʻsimliklar ham yam-yashil tus olib, atrof goʻzallashib ketdi. Ayniqsa, qutb tunlari juda ajoyib-da! Kechasi soat uchda qarasangiz ham quyosh charaqlab turadi, tun bilan kunduzni hech farqlay olmaysiz! Tun va kunni faqat soat bilangina belgilash mumkin, xolos.

Bahrom dam olish kuni nonushtadan soʻng hech kimga sezdirmasdan qirga chiqib ketdi. Bu chogʻdarda qirlarda sayr qilish gʻoyat gashtli, uygʻongan tabiat kishi diliga orom beradi. Bahromning sayrga yolgʻiz chiqishiga boshqa sabab ham bor: u qadrdon yurtiga qaytish, hayajonli uchrashuvlar haqida tanho xayol surar. Bashoratdap kelgan xatni qayta-qayta oʻqir edi.

Bahrom engashib, soʻqmoq boʻyida sap-sariq gullab yotgan ayiqtovonni uzib oldi-da, pilotkasidagi yulduzcha yoniga qadab, keyin pilotkasini tuzatib qoʻydi. Qoʻlidagi Bashoratning oxirgi maktubiga yurib ketaturib yana bir bor tikildi: «Xayr, koʻrishguncha!» Bu soʻz yuragini orziqtiradi. U xayol ogʻushida soʻqmoqdan odimlab borarkan, toʻqay yaqinida boshdan-oyoq zangori kiyim kiygan, yelkasiga safar xaltasi osib olgan bir kishiga koʻzi tushdi. Begona kishi ham Bahromni koʻrib, bir qarab qoʻydi-da, soʻng bamaylixotir yoʻlida davom etaverdi. «Bu gʻalati odam kim ekan?», deb oʻyladi Bahrom va oʻzicha: «Qoʻziqorin terib yurgan shu yerlik kishilardandir-da!», deya tusmolladi-yu, lekin taxminidan oʻzi qoniqish hosil qilmadi. Qoʻlidagi maktubni gimnastyorkasining choʻntagiga solib, kamarini bir oz boʻshashtirdi, sekin yoʻlida odimlayverdi. Begona kishi toʻqayga kirib koʻzdan yoʻqoldi.

Bahrom qirga koʻtarilar ekan, hadeb koʻz oldiga zangori kiyimli kishi kelaverdi. Xayolini boshqa yoqqa burishga harchand urinmasin, boʻlmadi. «Nega u zangori kiyinib olgan? Chegarachimikan? Chegarachi boʻlsa, avtomati, durbini qani?! Undan keyin menga qaraganda nega koʻzlari bejo yiltillab ketdi? Qaerga shoshilayotgan ekan? Balki ovchidir? Qim boʻlsa ham, har holda, harakatlari shubhaliroq. Qismga borib xabar qilsammikin? Agar u rostdan ham ovchi boʻlib chiqsa, uyatga qolmaymanmi? Yigitlar mazax qilishmaydimi? Yaxshisi, oʻzim kuzatsam-chi? Agar u ovchi boʻlsa, qismga yaqin ham yoʻlamaydi».

Bahrom shunday xayollar bilan qirdan oshib tushdi-da, shosha-pisha iziga qaytdi.

Soqchi oʻz postida xotirjam aylanib yurardi. Bahrom koʻzdan panaroq bir joyga oʻrnashib qirni kuzata boshladi. U yoqda hech narsa koʻrinmas, faqat qayinlar shamolda shovillab turardi. Mana, soqchilar ham almashishdi. Uzoqdan baraban tovushi va saf bilan oshxonaga borayotgan askarlarning qoʻshiqlari eshitila boshladi. Bahrom shundagina qorni ochganini sezdi.

«Boyagi kishi qayoqqa ketdi ekan? U shu paytgacha qoʻziqorin terib joʻnab qolgandir. Axir, mensiz ham josuslarning ta’zirini berib qoʻyadiganlar bor-ku! Men boʻlsam, bema’ni shubhalarga borib, yoʻlovchidan gumonsirab yuribman-a!», deb oʻyladi u.

Bahrom endi oʻrnidan turmoqchi boʻlgan edi, koʻz oʻngida bir zumda roʻy bergan voqeadan qotib qoldi. Quyosh nurida nimadir yarq etdiyu soqchining kuragi ostiga qadaldi. Soqchi «Ayy!..» deya yiqilib tushayotgan paytda, uning yonginasidan, qutb tollari orasidan zangori kiyimli boyagi kishi otilib chiqdi-da, tikanli simlarning bir nechtasini nima bilandir qirqib tashladi, emaklab postga oʻtdi. Soqchiga sanchilgan xanjarni sugʻurib olib, yana qayta sanchdi, soʻng uning sumkasidagi oʻqdonni, avtomatni olib atrofga olazarak boqqancha omborning darvozasi tomon yurdi.

Bahrom bir lahzada roʻy bergan bu voqeadan oʻzini yoʻqotib qoʻydi, lekin qotilning qoʻlida nimadir alangalanishi bilan yarq etib koʻzi ochildi.

«Olov! Hozir omborga oʻt qoʻysa... Bu oʻq-dorilar portlasa...»

Bahromning xayolida shu fikr chaqmoqdek chaqnadi. Yana bir necha daqiqadan soʻng omborga oʻt ketishi, dahshatli portlash yer-koʻk ni titratishi mumkin. Nima qilish kerak?! Bahrom toʻsatdan tikanli simlar orasida, soqchi turadigan joydagi simyogʻochda signal knopkasi borligini esladi. Oʻsha yerdan qorovulxonaga signal berish kerak! Faqat tezroq! Tezroq! Tezroq!

Bahrom oʻrnidan irgʻib turdiyu toʻqayzordan yugura ketdi. U qotil sim toʻsiqni kesib ochgan joydan postga oʻtdi-da, simyogʻochga qarab intildi. Qotil dastlab hech narsani sezmadi, biroq Bahrom simyogʻochga yetay-etay deganda nimagadir qoqilib ketdiyu yiqilib tushdi.

Qotil qoʻlidagi olovni tashlab, keskin burilgancha avtomatga yopishdi, yiqilgan joyidan irgʻib turgan Bahromni koʻrib, sovuq tirjaydi-da, avtomatni chap qoʻliga oldi, oʻng qoʻlida esa yana xanjar yarqiradi. Bahrom jon-jahdi bilan oldinga yugurdi. Qotil xanjarini changallagancha: «Toʻxta, otaman!», deb xirilladi. Lekin Bahrom toʻxtamadi! Mana, nihoyat knopkali joyga yetib keldiyu yogʻochni quchoqlab signal knopkasini bosdi! Bu vaqtda qotil ham unga yaqinlashib qolgan edi, u yugurib kelayotib xanjarni zarb bilan Bahromga otdi. Bahrom knopkani mahkam bosib turarkan, kuragidan pastda kuchli ogʻriq sezib yuzini burishtirdi. Lekin knopkani qoʻyib yubormadi. Xuddi shu payt qism tomondan trevoga tovushi yangradi. Qotil birdan joyida qotib qoldi, soʻng keskin burildiyu tikanli simlar orasidan oʻtib qirga qarab qochdi.

Bahrom esa yogʻochni quchoqlagancha tebranib turardi. Boshi orqaga oqqanda koʻzi osmonga tushdi: «Atrof buncha jimjit! Quyosh buncha pirpiraydi? U quyoshmi yoki shimol shu’lasimi? Qoʻklamda ham shimol shu’lalari boʻladimi?» — Bahromning xayolidan shu fikr oʻtdiyu ayiqtovon taqilgan pilotkasi yerga tushdi, boshi borgan sari ogʻirlashib, qoʻllaridan majol ketib orqasiga quladi.

* * *

Maydonda qism askarlari saf tortishgan. Polk komandirining tovushi yuraklarda aks sado berardi:
— Kecha qora niyatli bir josus N-postdagi soqchini oʻldirib, omborga oʻt qoʻymoqchi boʻlgan. Agar bu ombor portlasa, qismimiz va aholi boshiga katta falokat tushishi mumkin edi! Qotil ana shu mudhish niyati orqali bizni sarosimaga solib qoʻymoqchi, chegarani buzib oʻtmoqchi boʻlgan. Ammo u qora niyatiga yeta olmadi. Sovet soldati hamisha dushmanlarini dogʻda qoldirib kelgan. Oddiy askar, oʻzbek yigiti Bahrom Berdiev siz uchun, biz uchun, Vatan uchun hayotini xavf ostida qoldirib qorovulxonaga signal berdi... Bugun poytaxtdan xabar oldik. Operatsiya muvaffaqiyatli oʻtibdi. Jasur doʻstingiz sogʻ-salomat!

Oldingi safda turgan Springlov yengil tortib: «Xayriyat!», deb yubordi. U Bahromni samolyotga birga olib chiqishgan, doʻsti koʻp qon yoʻqotganidan iztirob chekar, Bahromdan xabar kutardi. Polk komandirining ishonch bilan aytgan gaplari Vityaning qalbini sevinchga burkadi, u orqaroqda turgan «Boʻgʻirsoqqa» qarab:
— Misha! Endi chinakamiga kabobxoʻrlik qiladigan boʻldik! — dedi.

«Boʻgʻirsoq» soʻzsiz jilmaydiyu lablarini yalab qoʻydi.

Shu choq Xachik Vityani bir turtdi. Vitya «Safda turibsan!», degandek, unga qaragan edi, Xachik tek qotdi. Springlov ham jilmaygancha poshnalarini bir-biriga urib, qad rostladi.