OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifTursunboy Boymirov
Asar nomiMirzoqul (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Tursunboy Boymirov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 4-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mirzoqul (hikoya)
Tursunboy Boymirov

Kayfiyati ertalabdan buzildi. Nonushta payti xotini yetishmovchiliklardan gap ochib qoldi. Yana qand-qurs, guruch, yogʻ, bolalar uchun ul-bul... Picha koʻz yoshi... Ayollarning ta’bi shunday: baland keladi, past boʻladi, keyin esa roʻzgʻorning ishlariga koʻmilib, koʻngil gʻuborlari bahorning koʻchmanchi bulutlariday tarqab ketadi.
– Bolalarning maktabi yaqinlashdi. Hali hech narsa ololganimiz yoʻq. Kecha Eshmat aka qarzini soʻratibdi. Bergan mard emas, olgan mard. Oʻzimizdan bilib uniyam berishimiz kerak. E Xudoyim-ey, shu alpozda kun oʻtkazadigan boʻlsak... – dedi ayol xoʻrsinib.
– Bas qil, – uning gapini boʻldi Mirzoqul jerkib, – ertalabdan diydiyo qilasan. Bir piyola choyni oldimga qoʻyib, zahringni sochaverasanmi? Suv ichayotgan odamni ilon ham chaqmas ekan...

Choy Mirzoqulning tomogʻidan oʻtmadi. Yoʻqchilik qursin. Xotinini ham janjalkash deb boʻlmas... Oʻn sakkiz yildan beri bir yostiqqa bosh qoʻyib, hayotning achchiq-chuchugi ortilgan aravasini bab-baravar tortib kelyapti, goh-goh boʻladigan dilsiyohlik qurib ketgur roʻzgʻorning ikir-chikiridan kelib chiqadi.

Mirzoqul xotinini tinchlantirish uchun:
– Qurilishdagi qorovulligimning uch oylik pulini olganim yoʻq. Bolalarimning ikki oylik nafaqasi bor, qoʻlim loʻkka pul koʻradi.. Oʻshanda... – dedi dasturxonning uchini oʻynab...
– Aytganlaringiz oʻzingizga siylov. Qayum doʻstingiz kiyib yurgan, oftobda juni yalt-yalt tovlanadigan telpakdan sotib olasiz, – dedi xotini.
– Hali eski telpagimning jiluvi bor. Junli telpak kiymaganni el orasiga qoʻymaydimi? Faqirga boʻlaveradi. Koʻrpaga qarab oyoq uzatish kerak, xotin.
– Ha, endi toʻy-tomoshaga kiyib boradigan «dushman koʻzi»ga deyapman-da. Birovdan kamlik joyingiz bormi? Ozroq yeb, arzonroq kiyarmiz...

Mirzoqul nushxoʻrt yeb, dumi bilan chivinni haydayotgan eshagi yoniga keldi. Uni jabduqladi, ayilini qattiqroq tortgan edi, eshak oyogʻini siltadi. Mirzoqulning jahli chiqdi:
– Tek tur-e, kasofat. Sendan ham qutuladigan kun bormikan.

Mirzoqulning koʻz oʻngidan oq hangisi oʻtdi. «Jonivor juda yoʻrgʻa edi-da. Bundayroq otdan yaxshi edi. Munkish, oyoq siltash nima ekanini bilmasdi. Xudoyim borga qoʻshib beradi, yoʻqdan tortib oladi. Bittagina eshagini ham koʻp koʻrdi. Uying quygur Hoji, oʻzining yurmas eshagini aldab sotdi. Mirzoqul aka, hangining yoʻqligini bildirmaydi, degandi. Bu hangining dumiga ham arzimaydi... Hay, boriga baraka, minib turay-chi...»

Nafaqa tarqatadigan kassirni «Bobo» savdo doʻkoni oldida koʻrib, Mirzoqulning xafagarchiligi unutildi. Kecha tuman markaziga tushgan edi. Dorixonadan dori olayotib, bank boshligʻini koʻrib qoldi. Arzini aytdi.

Ta’zirini yebdi shekilli, zulukday choʻzilib kelibdi. Zarur boʻlganda bu dayusni kun boʻyi izlab ham topolmaysan. Mirzoqul shularni oʻylar ekan, eshagini simyogʻoch tanasiga bogʻladi-da, kaftlarini bir-biriga ishqalab kassir oʻtirgan oʻtirgʻichning bir chetiga choʻkdi.
– Pulchin bobo, bizdiyam koʻrib yuboring. Eshnazarup Mirzoqul.
– Hovliqmang. Pulingiz boʻlsa, olasiz. Shoshgan qizni bilasiz...

Yosh-yalanglar ichida Mirzoqul izza boʻldi. Miyasi loʻqillab, yuragi siqildi.
– Eshnazarup! Keling pulingizni oling. Nega eridan arazlagan xotinday tumshayib oldingiz?

Kassirning bu kinoyali gapidan atrofdagilar qiqirlab kulishdi. Mirzoqul xafa boʻlganini, kassirga boʻlgan nafratini yashirmoq uchun kipriklarini pirpiratgancha qogʻozlar ustiga muk tushdi.
– Mana bu yerga qoʻl qoʻying. Vedimis may, iyun oylariniki... Qirk sakkiz pilus yana qirq sakkiz... Jami – falon soʻm... Lekin qoʻlingizga tegadigani Mirzoqulboy...
– Nega endi? Kassir tilga olgan summani eshitib uning hafsalasi pir boʻldi. – Qolgani nima boʻldi?
– Mana, sivit-chi akangiz falon soʻmni qarzingiz uchun qaytarib oʻtiribdi. Xidirboy doʻkonchidan ham anchagina qarzingiz bor ekan. Maxfirat xolangiz ham qarzingizni undirmoqchi. Mana bu qora koʻzlar bilan hisob-kitobingizni qiling... Aka, shulardan qolganini mendan naqd olasiz, hi-hi-hi-hi. Buncha pulni nimaga ortib ketasiz? Sagʻana anovu qabirgʻalari bir-biriga illa ilashib turgan «gʻoʻrkoʻk»kami? Oshga – qoʻnoq, gapga ustaman, desangiz-chi, aka?
– Ha, endi tizza puli-da, – kassirga hamroh boʻlib kelgan «joʻra»siyam chaqib oldi. – Halol mehnati boʻlgandan keyin haqini talab qiladi-da.
– Qargʻaning ishi goʻng titkilash ekan-da!

Achchiq ter chiqqandan achchiq til ham chiqadi, deganlariday Mirzoqulning «Qargʻa!» degan soʻzi kassirni bir zum esankiratdi. Ammo u bu soʻzni eshitmaganga oldi va:
– Xoʻsh, nega titraysiz? Olmaysizmi pulingizni? Juda chiroyli imzoyingiz bor ekan-a, Mirzoqulboy. Aslida – idorabop odam ekansiz. Bu «dumsovet» boʻm-boʻsh boʻlmaganda... anovi emas, bizdikiga oʻxshaganidan bittasini «du-dut»latib yurardingiz...

Mirzoqul kassirning bu kinoyasini eshitmaganga oldi.
– Siz nafaqa pulini berayapsizmi, qarzlarni tarqatayapsizmi? Nafaqa pulini toʻliq qoʻlimga bering. Doʻkondagi qarzlarimni hisob-kitob qilib oʻzim toʻlayman.
– E-e, Mirzoqulboy-e... Bir qarich tilim ham bor, deng. Qarz olgandan keyin toʻlaysiz-da. Doʻkonchilarga kelsak, izzat qilayapti, choy-ziyofat degandek...

Mirzoqul pulni qayta sanadi.
– Aytganingdan kam beribsan, – dedi.
– Ha, Mirzo aka, xarajat bor. Benzin-senzin degandek... dedim-ku? Shaxsiy mashinada davlat xizmatini qilib yuribmiz. Piyozning poʻsti koʻp, kassirning doʻsti koʻp. Galstuk taqib kelgan mehmon borki, qorni mening boʻynimda.
– Katta gapirib, osmondan kelayotgan bachchagʻarning nafaqa puldan sadaqa soʻrashi – yigit kishining oʻluvi...
– E, oʻrgildim pulingdan, ma ol! Shugina ham sening koʻzingga dunyo boʻlib koʻrinadi. Minib yurgan «chigirtka»ng bilan qoʻshmozor boʻl! Ket!

Kassir soʻkindi. Atrofida oʻtirganlardan ba’zilari «piq-piq» kuldi.
– Nima deding? Qaytar gapingni, – Mirzoqulning koʻzlari xonasidan chiqqudek boʻlib kassir tomon talpindi. – Kimni soʻkding, enagʻar?!

Janjalning kattarayotganini koʻrgan Husan choʻpon Mirzoqulni quchoqlab olib, koʻcha tarafga tortdi.
– Tuya soʻygan – echki soʻygandan et soʻrabdi, – deb eskilar bekor aytmagan-da, uka. Ori yoʻq...
– Mirzoqulning badaniga varaja kirdi. U simyogʻoch tagiga qatlab qoʻygan xurjunini eshak ustiga tashlar ekan, oʻrogʻi yerga tushib ketdi. Jahl bilan oʻroqni xurjunga tiqdi. Irgʻib eshakka mindi. Shu payt koʻzi xiralashib, boshi aylangandek boʻldi.

Hamma gapni yurakka olaversang, tanda jon qoladimi deya oʻyladi Mirzoqul, sal oʻziga kelgach, Kun shu bugun emas, yelkamga oftob tegadigan kunlar ham kelar... Qizlarim, oʻgʻillarim pul toparmon boʻlishiga oz qoldi. Bu yil tomorqamga sarimsoq ekaman. Qarshilik doʻstim shunday maslahat beruvdi. Uch tonna sarimsoqdan hosil olsam, oʻh-hoʻ...

Mirzoqul xayolan oʻzi bilan oʻzi suhbatlashdi. Koʻksini nimadir chimchiladi. Eshak yolini ushlagan qoʻllarining boʻgʻinlari toliqqandek boʻldi.

«Padari la’nat. Kechani kecha, kunduzni-kunduz demay dalada umrim oʻtdi. Kechalari halovatimdan kechib, endi qorovullik qilyapman. Topganing esa bir telpak olishga yetmaydi. Yarim kun salqinda ishlab, uyida qop ishton kiyib yurganlarga maza. Toʻylarda ham uyning toʻri soliqchiniki, boʻsagʻalar esa bizga oʻxshaganlarning mahriga tushgan, – deb oʻyladi Mirzoqul. – Sendan yulishadi. Bolalaring eski-tuskini sudraydi. Ularning koʻziga tik boqolmaysan. Magazinning «qora» daftaridan noming tushmaydi. Unni ham emin-erkin pulini toʻlab ololmaysan. Oylikkacha indamay tur, deb mudirga yalinasan. Uyda xotinning xarxashasi. Nima qilsam...»

Olisdan «pat-pat»lab kelayotgan motosiklning tovushi uning chuvalashgan fikrlarini buzib tashladi. «Pat-pat»ni yaqinda doʻkon ochgan doʻkondorning oʻgʻli Toshkan uchirib kelardi. U Mirzoqulga yaqinlashgach:
– Kassir bolalarning pulini tarqatayotgan ekan, rostmi? – dedi u salom-alikni nasiya qilib. – Ha, aytganday xotiningizning qarzi bor ekan. Oldi-berdini bir hisob-kitob qilib qoʻying. Kecha oʻgʻilchangizni ham doʻkonning oldida koʻruvdim.

«Voy padari qusur-ay, choʻntak pul iskamaydigan boʻldi-da. Xotinga nima deyman endi, – deya oʻyladi Mirzoqul . – Narx-navo koʻkka boʻy choʻzib, choʻntak kasodga uchrayapti».

Mirzoqul yoʻlni yaqin qilish uchun tutzor oralab ketadigan yolgʻiz oyoq yoʻlga eshakni burdi. Picha yurgach, ariqchaga duch keldi. Ariqchadan jildirab suv oqardi. Eshak ariqchadan hatlamay tisarildi. Mirzoqul bir-ikki tizzasi bilan eshakni niqtadi. Yoʻq, ortga ketsa-ketadiki, oldinga yurmadi. U eshakning boʻyin, boshiga xalachoʻp bilan ura boshladi. Xalachoʻp sinib ketdi... Mirzoqulning lablari pirpirab, ogʻzidan har turli soʻkishlar chiqa boshladi. Eshak esa tisarilardi. Mirzoqul egardan irgʻib tushdi-yu, eshakning ortiga besh-olti tepdi. Eshak ariqchadan sakrab oʻtishni istamasdi. Tasodifan Mirzoqulning koʻzi dastasi xurjundan chiqib turgan oʻroqqa tushdi. U labini tishlagancha oʻroqni qoʻlga oldi va eshakning yelkasiga uch-toʻrt urdi. Eshak taqibdan qochib qutulish uchun bir tomonga qocha boshladi. Mirzoqulning ogʻzidan bodi kirib shodi chiqardi. Soʻkinardi. U telbalarcha harakat qilardi. U endi oʻroqning uchini eshakning toʻgʻri kelgan joyiga qadardi. Eshak tutlar orasiga oʻzini urib ketdi...

Oʻpkasi ogʻziga tiqilgan Mirzoqul barmoqlari bilan peshonasidagi terni sidirdi-yu, vahimaga tushdi. Uning qoʻli qon edi.