OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUchqun Nazarov
Asar nomi«Kal Mulla» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Uchqun Nazarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Kal Mulla» (hikoya)
Uchqun Nazarov

Bu oʻttiz besh yoshga kirgan, koʻzlari kulrang, kipriklari sargʻish kishining nomi Karl Myuller boʻlib, mahalla odamlari uni oldiniga Karl Mulla, keyin Kal Mulla deyishardi. Karl yagona yashar, onasi yetti yil burun vafot etgan, otasi, taniqli etnograf Gerxard Myuller, koʻp vaqtini arxeologik safarlarda oʻtkazar, nega bu nemis oilasi oʻzbek mahallasida turib qolganini hech kim bilmas edi. Atrofda boshqa maktab yoʻqligi sababli Karl Myuller ham oʻzbek maktabiga qatnadi, ogʻaynilari asosan oʻzbek bolalari boʻlgani uchun ota-onasi bilan bemalol uch tilda — nemischa, ruscha, oʻzbekcha gaplashishga odatlandi. Gʻirt mahalla tilini koʻcha bolalari qanday bilsa, Karl ham shunday bilar edi. Studentligida tanishgan rus qizi Svetlana Karl bilan uch yil yashadi — yo farzand koʻrmadi, yoki eski mahalla sharoitiga koʻnika olmadi — oʻttiz yoshli Karlni tashlab ketdi. Karl tanho qoldi, boshqa uylanmadi.

Kimning nimasi buzilmasin — tikuv mashinasimi, bolalarning velosipedimi, Kal Mullaga chopishadi. Karl ishni shu qadar puxta bajaradiki, ustalar ham primuslarini shunga tuzattirishadi. Qoʻlidan kelmagan ish yoʻq, oʻzi qanaqadir zavodda ishlaydi. Mahalla toʻy-azalariga qatnashadi, hamma qatori fotihaga qoʻl ochadi, hatto «Kulhu Ollohu ahad»ni yod biladi, ba’zilar bu haqida oʻzbekcha gapirsa, hammasini tushunadi, indamaydi. Zavod unga ikki xonali uy berganida, Karl olmadi — itini, kaptarlarini, toshbaqalarini koʻzi qiymadi. Qoʻshnilari tandirda non yopishsa, tansiq taom qilishsa, unga ilinishadi. Karl kosalarni shokolad solib qaytaradi.

Balki nemis boʻlgani uchunmi, urush boshlanganda, Karlni olishmadi, bosh injenerlik amalidan pasaytirishdi.

Gazeta-jurnallar fashistlarni mazax qiluvchi maqolalar, Gitlerning badbashara rasmlarini bosishdi. Avvalgi «qizillar-oqlar» «ruslar-nemislar» oʻyiniga aylandi, nafrat kuchaydi. Bolalardan biri Karlni «fashist», dedi. Karl e’tibor bermay oʻtib ketaverdi. Keyin ortidan tosh otadigan boʻlishdi. Karl qancha indamasa, bolalar shuncha qutirishdi. Yaqindagina velosipedlarini tuzatib yurgan Karl dushmanga aylandi. Karl koʻchada koʻrinishdan ham hayiqadigan boʻlib qoldi.

Albatta, Karl shu boshi berk koʻchadan chiqib, mahalladan nariroq ketsa — bas, hech kim buni tanimaydi, hamma oʻris, deb oʻylaydi, bu bilan hech kimning ishi yoʻq. Shuning uchun Karl uyidan sahar chiqib ketib, kechqurun qaytadigan boʻldi. Biroq kelguniga qadar iti, kaptarlari och qolishadi, ularga don-suv beradigan odam ham yoʻq. Sakkiz oydan beri dadasidan darak yoʻq, qari narsa, omonmikan?

Karlga ta’sir qiladigan joyi shuki, koʻchasidaga tirmizaklarning bari Karlning koʻz oʻngida tugʻilgan, ogʻaynilarining farzandlari, hammasiga Karl varrak, rogatka, novdadan yoy yasab bergan, nomlarini biladi, ukasidek boʻlib ketishgan edi, kelib-kelib chatoqlik shulardan chiqyapti. Toʻgʻri, ota-akalari oʻshqirishdi, poʻpisa qilishdi, quloqlaridan choʻzishdi, bolalar bilganidan qolishmadi.

Urush boshlanganiga yarim yil oʻtmay turib, frontdan qoraxat kela boshladi.

Birinchi marta qoraxat Karl bilan bir sinfda oʻqigan Ilyosning halokati haqida keldi.
— Adamni sen oʻldirgansan, fashist! — dedi uning oʻgʻli Karlga.

Karl, oʻzini ushlay olmay, bolaning betiga tarsaki tushirdi, Salim chinqirib, uyiga qochdi.

Karl urganidan pushaymon boʻldi, oʻrtogʻining azasiga ham kira olmadi.

Shundan keyin Karlning koʻcha eshigida boʻr bilan chizilgan fashistlarning belgisi paydo boʻldi. Karl oʻchirib tashladi, lekin keyin mash’um xoch toʻrttalab-beshtalab chizila boshladi. Karl e’tibor bermay qoʻydi. Karl hamma narsadan, koʻcha-kuyda ham, goʻyo odamlar uning nemisligini sezayotgandek, hadiksiraydigan, hammaga gumon bilan qaraydigan boʻlib qoldi, oʻzbek mozorining bir chetiga dafn qilingan onasining qabriga borganida, oʻzini tuga olmay hoʻngrab yigʻlab yubordi. Uyiga qaytib kelganida, kaptarlarining uchtasi qoʻndoqdan qulab qorda yotar, qon tomchilari qorga sochilgan edi. Oʻzi isab bergan rogatkalardan otishgani ma’lum boʻldi. Keyin uy derazasining oynasi chil-parchin sindirildi, Karl yangi oyna qoʻydi, uni ham sindirishdi, itini zaharlashdi. Karl shikoyat qilishdan ham koʻrqar edi.

Bahor kunlarining birida ikkita harbiy kishi kelib, Karlni olib ketishdi. Karl koʻcha eshigini qulflashga ham ulgurmadi.

Hovli qarovsiz qoldi.

Yon qoʻshnilar oʻtini yulishdi, suv sepishdi, shipirishdi, hovli chinnidek boʻldi; hovliga qarash, sarishta qilish, gullar ekish, qolgan kaptarlarga don sochish odat boʻldi. Keyin hovlini «Bolalar bogʻchasi»ga aylantirishdi. Baqirib — chaqirishsa ham mayli, jimlikdan tuzuk.