OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Dolimov
Asar nomiSir saqlangan jinoyat
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Ulugʻbek Dolimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 32-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sir saqlangan jinoyat
Ulugʻbek Dolimov

1946 yil. Qishning ayozli kechasi. Marziya buvim: «Yulduzla-a-r, jigargoʻsham Akbarga salom aytingla-a-r!» deya iltijo qilib, hayotdan koʻz yumganlari hamon koʻz oldimda. Bundan keyin yana oʻn yillar oʻtdi, lekin undan dom-darak boʻlmadi.

Akbarbek kim edi? Endi 31 yoshni qoralagan, ammo oʻz sohasida ikki kitob yozib ulgurgan va nashr ettirgan birinchi oʻzbek bibliografi Akbarbek Dolimov kim ekanligini hozirda koʻplar bilmasligi mumkin. Aka-ukalarning gaplariga qaraganda, Akbarbek oʻrta boʻyli, ancha koʻrkam odam boʻlgan, adabiyot va san’atni jon-dilidan sevgan, tanburni yaxshi chalgan.

Akbarbek Dolimov 1910 yili Toshkentning Sagʻbon mahallasida Dolimbek Norbekov oilasida oltinchi farzand boʻlib dunyoga keldi. Dastlab shu mahallada ilk bor ochilgan Gʻulom Qodir domlaning «usuli jadid», keyin hamma qatori shoʻro maktabida oʻqidi. Uning bolalik, oʻsmirlik yillari Sagʻbon, Eski Joʻva, Chorsu, Shayxovand Tahur, Xadra, Chigʻatoy mavzei mahallalari uchun oʻrtaliq boʻlgan ma’rifat maskani — «Turon» kutubxonasida oʻtdi. U aynan shu yerda millatni istiqlol sari yetaklagan Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, togʻalari Mirmulla, Mirmuhsin, Mirmuslim Shermuhamedovlar, Elbek, Abdulla Qodiriy kabi jadid mutafakkirlari ta’sirida boʻlgan, ularning asarlari bilan ilk bor shu maskanda tanishgan. Qolaversa, «Turon» kutubxonasi yoshlarning eng sevimli maskani edi. Yosh Akbarning kelgusida bibliograf boʻlib yetishuviga Eski Joʻvada ochilgan xuddi shu «Turon» kutubxonasi va qiroatxonasi sabab boʻlgan boʻlsa, ajab emas.

Shu oʻrinda ikki ogʻiz soʻz «Eski Joʻva» mavzei haqida.

Bu yer Toshkentning eng koʻhna mavzelaridan biri boʻlgan. Abdulla Qodiriy, Oybek kabi ulugʻ yozuvchilar ham oʻz asarlarida bu mavzeni koʻp tilga oladilar. Jadid mutafakkirlarining faoliyati koʻproq Eski Joʻvada kechgan. Undagi har bir koʻcha, har bir bino jadidlar faoliyatini esga solib turadi: «Turon» xayriya jamiyati va uning qoshidagi «Turon» kutubxonasi va qiroatxonasi, «Turon» gazetasi hozirgi Xalq banki hamda «Turon» kutubxonasi binosida, «Turon» teatr truppasi sobiq Vikula Morozov doʻkoni (hozirgi Yosh tomoshabinlar teatri) joylashgan binoda faoliyat koʻrsatgan. «Turon» atamasi jadid mutafakkirlari uchun Vatan timsoli sifatida muqaddas boʻlgan. Abdurauf Fitrat ona-Vataniga «Turklikning muqaddas oʻchogʻi, Turon!» deb murojaat qilgani bejiz emas.

1918 yil 12 mayda Xalq dorulfununi (hozirgi Oʻzbekiston Milliy Universiteti) ham Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligida, shu «Eski Joʻva» mavzeidagi sobiq Vikula Morozov doʻkoni binosida tantanali ravishda ochilgan edi. Jadid publitsist-olimlari va shoirlari Mirmulla hamda Mirmuhsin Shermuhamedovlar va ularning kuyovi atoqli shoir Mashriq Yunusov — Elbek mana shu mavzeda — «Mahsidoʻzlik» mahallasida yashagan, ularning ijodi shu yerda shakllangan. Eski Joʻvaning yonginasida «Beklar begi» (shoʻrolar davrida buzib tashlangan) va «Koʻkaldosh» madrasalari yoshlar bilan gavjum boʻlib, ularning aksariyati jadidchilik harakati ta’sirida edi. Bir tomonida esa Toshkentning eng katta Eski Joʻva bozori joy olgan. XX asr boshlarida faoliyat koʻrsatgan ma’rifatparvar bobolarimizning kutubxona uchun joy tanlashdagi aql-zakovatlari kishini hayratga soladi. Hozirda Eski Joʻva mavzei katta oʻzgarishga yuz tutdi, endi istiqlol fidoyilaridan qolgan binolarni asrab-avaylash, ta’mirlash va ilojini topib Eski Joʻva mavzeida «Jadidlar xiyoboni» tashkil etish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Akbarbek Dolimov ham millatning istiqlol sari intilishiga bosh boʻlgan mana shu muhitda voyaga yetgan. U 1927 yili Toshkent kutubxonachilik kursida oʻqiydi va uni 1929 yili tugatib, oʻzi mehr qoʻygan «Turon» kutubxonasiga ishga kiradi. 1932 yildan boshlab oʻqishni Toshkent pedagogika institutida davom ettira boshlaydi.

1930 yillardan boshlab oila boshiga turli-tuman tashvishlar tushadi. 1933 yili Dolimbekka ukalari Komilbek hamda Karimbek Norbekovlar qatori «haqsiz» deb tamgʻa bosiladi. Komilbek va Karimbek qamoqqa olinib, Novosibirskka surgun qilinadilar, ularning hovli-joylari tortib olinadi: Dolimbek Norbekov hovlisiga Kalinin rayon partiya komiteti, Komilbek hovlisiga shu rayon ijroiya komiteti, Karimbeknikiga esa rayon sudi ma’muriyati joylashtirilgan. Komilbek va Karimbek Norbekovlar taqdiri alohida maqola mavzui.

Dolimbek oʻn toʻrt farzandi bilan kichik bir hovliga koʻchib oʻtishga majbur boʻldi. Ammo unga bu yerda ham tinchlik berishmadi. Bu voqea endi farzandlar qismatiga ham oʻz soyasini sola boshladi: ular boyning, quloqning bolalari sifatida oliy oʻquv yurtlaridan quvgʻin qilindilar. Mana shunday oʻta ogʻir, tahlikali yillarda Dolimbek avji yigit yoshidagi oʻgʻillarini oila quchogʻidan, mahalladan uzoqlashtirishga majbur boʻldi: Usmonbek (Subutoy Dolimov — qavs ichidagi barcha izohlar maqola muallifiga tegishli) doʻsti Saidmahmud Saidrasulovning Shayxovand Tahur daha Baland masjid mahallasidagi uyida (Saidmahmud atoqli pedagog Saidrasul Saidazizovning oʻgʻli) Ziyodbek va Sultonbek Dolimovlar ToshMI, Akbarbek esa Pedagogika instituti yotoqxonalarida yashaydilar. Eng katta oʻgʻil Nu’monbek Dolimov ukalari va singillarini tarbiyalashda, ularni oʻqitishda ham iqtisodiy, ham ma’naviy tomondan hamma imkoniyatlaridan ayrilgan otasi Dolimbekka yordam beradi, unga gʻamxoʻrlik qiladi. Farzandlar mahalla-koʻy, hukumat odamlari koʻrmasin uchun haftada, oʻn kunda bir qorongʻi tushganda ota-ona quchogʻiga kelib, tong yorishmasdan oʻqishlariga ketar edilar. Ular ming mashaqqatlar bilan birin-ketin oliy oʻquv yurtlarini bitirdilar va xalq xizmatiga kirishdilar. Akbarbek oʻsha vaqtda «Oktyabr» («Turon») kutubxonasi (1928-1992 yillarda 64 yil «Oktyabr» nomi bilan atalgan) nomidagi kutubxonada bibliograf sifatidagi ishini davom ettiradi. Tez orada u shu kutubxonaning rahbari darajasiga koʻtariladi, bir necha yil direktor boʻlib ishlaydi. Uning boshchiligida oktyabr toʻntarishigacha va undan keyingi vaqtli matbuot: «Turkiston viloyatining gazeti», «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat», «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Fargʻona», «Xalq dorulfununi» gazetalarining; «Oyna», «Al-isloh», «Yer yuzi», «Oʻzgarishchi yoshlar», «Maorif va oʻqitgʻuvchi», «Yangi yoʻl» kabi jurnallarning toʻliq boylamlari vujudga keltirildi. Akbarbek Dolimovning kutubxonani yanada boyitish, bibliografiya fanini rivojlantirish sohasidagi faoliyati uchun 1934 yili «Oʻzbekiston mehnat zarbdori» faxrli unvoni berilgan edi.

A.Dolimov 1934 yili Fayzulla Ubaydullaev bilan hamkorlikda «Mukammal ilmiy bibliografiya» kitobini yaratdi. 252 sahifali ushbu asarda 1925-1934 yillarda oʻzbek tilida nashr etilgan uch mingga yaqin kitobning umumiy tasnifi berilgan. Bu asar oʻzbek bibliografiyasi sohasida yaratilgan birinchi kitobdir. Kitob Oʻzbekiston Davlat nashriyotida 1934 yili bosmadan chiqarilgan. Akbarbek Dolimov va Sobir Solihov 1937 yili respublika kutubxonachi va bibliograflariga metodik yordam sifatida «Unli klassifikatsiya» asarini nashr ettirdilar. Har ikkala asarda ham birinchi muallif sifatida A.Dolimov qayd etilgan. 1930 yillarda atoqli bibliograf, sharqshunos olim Abdulla Nosirov Akbarbek Dolimov bilan birga «Turon» kutubxonasida faoliyat koʻrsatgan. U 1972 yili Akbarbek Dolimov ma’rakasi kuni aka-uka Nu’monbek, Subutoy, Ziyodbek va Sultonbek Dolimovlar bilan boʻlgan suhbatda shunday degan: «Akbar Dolimov kutubxonachilik ishining katta bilimdoni edi. «Turon» kutubxonasining Respublika miqyosida e’tibor qozonishida, ulkan ma’rifat oʻchogʻiga aylanishida uning hissasi salmoqli. 30-yillarda «Oyna», «Sadoyi Fargʻona», «Turkiston» taxlamlarini tartibga solish ancha ogʻir kechgan. U Samarqandda Hoji Muin Shukrullo, Abduqodir Shakuriy; Qoʻqonda Abduvahob Ibodiy, Poʻlatjon domla Qayumov; Toshkentda Muhibqori Orifiylar bilan aloqada boʻlib, ulardan yetishmayotgan nomerlarni olib, taxlamlarni toʻldirdi. Bu taxlamlar hozir Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasida hamda Sharqshunoslik ilmiy tekshirish instituti kutubxonasida saqlanmoqda. Akbar qamoqqa olinganda yigit yoshida edi, ammo kutubxonachilikka oid bir necha asarlar yozib qoldirdi. Bunday mash’um voqea boʻlmaganda, u albatta katta bibliograf, manbashunos olim boʻlib yetishishi mumkin edi. Olloh rahmat qilgan boʻlsin» (Suhbat 1972 yil 25 oktyabrda yozib olingan).

1930 yillarning ikkinchi yarmida ommaviy qamashlar avjiga chiqdi. Ma’lumotlarga qaraganda, 1938 yilning oʻrtalariga kelib, milliy ziyoli rahbar xodimlarning oltmish foizi qatagʻon qilinadi. Boz ustiga, ikkinchi jahon urushi ham boshlandi. Dolimbekning ikki farzandi — Ziyodbek va Sultonbek Dolimovlar urushning dastlabki kunlariyoq vrach-xirurg sifatida harakatdagi armiya safidan oʻrin oldilar. Millatning boshiga cheksiz fojialar yogʻdirgan mavjud shoʻro tuzumini emas, xalqini, Vatanini himoya qilayotganliklarini ular yaxshi bilar edilar.

Akbarbek Dolimovning qamoqqa olinishi ommaviy qatagʻonning navbatdagi oʻramiga — ikkinchi jahon urushining boshlariga toʻgʻri keladi. Xuddi shu davrda sovet hukumati xalqni «hushyorlik»ka chaqirish bahonasida yana shubha ostiga olingan kishilarni yoʻq qila boshladi. 1941 yilning noyabr oyida NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi) xodimlari «Oktyabr» kutubxonasining bir yoʻla toʻrt xodimini — Akbar Dolimov, Rahimjon Ibrohimov (oʻsha yili direktor boʻlgan), Asad Ubaydullaev, Ahad Tursunovlarni qamoqqa oldilar. «Katta savdogar oilasidan chiqqan» A.Dolimovni aksilinqilobiy tashviqotlar olib borganlikda ayblaydilar. Dastlabki tergov 19 noyabrdan 26 noyabrgacha uzluksiz davom etgan. Tergov davomida inson ruhiga kuchli ta’sir koʻrsatuvchi usullardan foydalanilgan. Agar tergov xodimlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortsa, oila a’zolariga tazyiq oʻtkazish bilan qoʻrqitganlar. Tergovda huquqiy me’yorlarga umuman amal qilinmagan, ularning asosiy usuli qoʻrqitish, azob berish boʻlgan. Bunday tergovlar faqat uning aksilinqilobiy faoliyatini tasdiqlashga qaratilgan edi. Ammo Akbarbek Dolimov: «Men hech qanday aksilinqilobiy faoliyat olib borgan emasman, menga yopishtirilayotgan ayblarning birortasini qabul qilmayman», deb rad etgan. Shunga qaramay, 1941 yil 26 noyabrda tuzilgan ayblov qarorida quyidagilarni oʻqiymiz: «Aksilinqilobiy kayfiyatda boʻlgan A.Dolimov 1939 yildan sovet hukumatiga qarshi yigʻin (gap)larda qatnashgan va aksilshoʻroviy ruhdagi guruhlar bilan partiya siyosatini tanqid qilgan».

Shunday ayblov bilan ushbu guruh ishi SSSR Ichki ishlar Xalq komissariyatining Maxsus Kengashiga oshirilgan. Kengash Akbar Dolimov va Rahimjon Ibrohimovni otuvga hamda mol-mulkini musodara qilishga; Ahad Tursunov va Asad Ubaydullaevni 10 yil ozodlikdan hamda 5 yil saylash va saylanish huquqidan mahrum etishga hukm chiqargan.

Dahshatli tuzum bunday vahshiylik bilan ham cheklangan emas. Hukm chiqarilgach, mahkumlarning «oʻz ayblariga iqrornoma»si yozdirib olinib, undan keyingina afv etish haqida ariza yozishga ruxsat berar edilar. Akbar Dolimov qismati ham shunday boʻlgan. Uning shaxsiy ishida afv soʻrab yozgan «iqrornoma»sida shunday soʻzlar bor: «Menga belgilangan otuv jazosini yengillashtirishingizni iltimos qilaman, chunki mening qaramogʻimda yetti jon bor». Albatta, bunday iltijolar inobatga olinmagan. Bunday asossiz va oʻta fojeiy hukm oʻsha davrda odat tusiga aylangan edi.

Ziyodbek va Sultonbek Dolimovlar jang maydonlarida Vatan uchun jon olib, jon berib, kurash olib bordilar, ular hatto yapon militarizmiga qarshi kurashda ham faol qatnashib, 1946 yili gʻalaba bilan oila quchogʻiga qaytdilar. Ammo Akbar Dolimov qatagʻondan qaytmadi. Shoʻrolar qirgʻin-qatagʻoni shunchalar dahshatli ediki, uning changalidan omon qolish tegirmondan butun chiqish bilan barobar edi. Ota-ona farzand dogʻida hayotdan koʻz yumdilar, aka-ukalarining turli idoralarga yelib-yugurishlari ham natija bermadi...

1972 yil. Iyul tunlaridan birida kechasi soat 1-2 larda Nu’mon Dolimovning eshigi taqillaydi. Eshikni ochadilar, bemavrid kelgan kishi oʻzini Davlat xavfsizligi qoʻmitasining polkovnigi Kazakov deb tanishtiradi. U qizi universitetga oʻqishga kirayotganini aytib, bu ishda Nu’mon Dolimovdan yordam soʻraydi. U yordam berajagini aytib, ukasi Akbarbekning taqdiri nima bilan tugaganini hujjatlar bilan bilib berishni iltimos qiladi. 20 kunlar vaqt oʻtgach, Kazakov A.Dolimovning 1942 yil 26 avgustda «xalq dushmani» sifatida otib tashlanganligi, 1956 yil 14 iyunda uning ishi qayta koʻrib chiqilib, oqlanganligi haqidagi hujjatni N.Dolimovga topshiradi.

E’tibor bering, Akbar Dolimovning otib oʻldirilganligini, hatto oqlanganligini xalqdan sir saqlaganlar, oila a’zolariga ham bildirishni lozim deb hisoblamaganlar. Boʻlmasa, 1945 yili urush tugagach, Qahramon ona Marziya Qozoqboeva (14 farzandning onasi) soʻnggi bor oʻgʻli Akbarbekning taqdirini aniqlash maqsadida Oʻzbekiston ichki ishlar xalq komissarligiga xat bilan murojaat qilgan. NKVDning xatga bergan javobida aytilishicha, Akbarbek Dolimov Krasnoyarsk oʻlkasiga surgun qilingan. Aslida esa u Toshkentda 1942 yildayoq otib oʻldirilgan ekan. Onaizor oʻgʻlini kuta-kuta adoyi tamom boʻldi. Qarang, inson taqdiriga, butun bir oila qismatiga shunchalar e’tiborsizlik! Shu tariqa Akbarbek Dolimov oilasi butunlay barbod boʻldi.

Shundan keyingina Dolimovlar oilasi — Akbarbekning aka-ukalari, opa-singillari aza e’lon qiladi, yurtga ma’raka oshi berib, uning ruhiga Qur’on baxshida qiladilar. Bu qizil saltanatning Dolimovlar oilasi boshiga yogʻdirgan fojialaridan «bir shingil», xolos.

Tabiiyki, bu gaplarni kecha — shoʻrolar zamonida aytib ham, yozib ham boʻlmas edi. Shuning oʻziyoq mustaqillikning bizga nima berganini anglatmaydimi?! Axir, inson qadridan yuksak nima bor?! Shu yurtning ozodligi, shu elning saodati yoʻlida qirgʻin-qatogʻonga uchraganlar ruhini yod etar ekanmiz, bugungi kunlarga shukrona aytamiz, shahid ketganlarning pok ruhlari oldida qarzdor ekanimizni yana bir bor his etamiz.