OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiBir piyola suv (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir piyola suv (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

Menga vazifa yuklatilgan edi.

Biroq nima uchun aynan menga? – bilmayman. Kim va qanday vaziyatda topshiriq berdi? – buni ham negadir eslay olmayman. Yodimda qolgani – nimadir ortilgan, ikkita ot qoʻshilgan aravani shom tushgunga qadar manzilga eltishim zarur. Nega endi shomga qadar? Bu savolning javobi ham menga qorongʻi... Yana «yoʻlda chalgʻimasang bas, yukni manzilga oʻz vaqtida eson-omon eltasan», deyilgani hammasidan oshib tushdi: jumboqmisan jumboq!

Tavba, oʻzimga ham qiziq bu ish. Shuncha zamonaviy ulov turganda, almisoqdan qolgan aravaga nima bor? Unga ortilgan yuk-chi? Nima u oʻzi? Ustiga allaqanday matolar tashlangan, oʻralgan, chirmalgan. Ammo bori – shu. Ortigʻini istasam ham sizga aytolmayman.

Endi bosh koʻtargan boboquyosh navqiron tanimga iliq nurlarini sochadi. Otlar bir maromda yoʻrtib bormoqda. Ahyon-ahyonda jilovni qimirlatib qoʻyaman, shuning oʻzi farosatli hayvonlarga kifoya – imillash yoʻq. Namuncha esli boʻlmasa bular? – deyman oʻzimga oʻzim. – Xuddi vazifadan boxabardek! Tavba...

Avvaliga ovozimni baland qoʻyib qoʻshiq aytaman. Kuch-quvvatni tejash zarurligini payqabmi, beixtiyor xirgoyiga oʻtaman, bilgan-bilmagan qoʻshiqlarimdan zamzama qilaman. Keyin gʻingʻillashga ora berib atrofga alanglayman, shu koʻyi yosh dilimni ovutishga chogʻlanaman. Ufqlarga tutash kengliklar hislarimni junbishga keltiradi. Ichim toʻla hayot, kuchim tanamga sigʻmay tevarakni titratib hayqiraman – «Uuu–luuu-uuugʻ!..» Sal oʻtmay atrofdan aks-sado qaytadi: «Gʻuuu-luuu-uuu-uuu!!!» Ilkis choʻchib tushaman, ichim muzlab ketadi. Saratonning issigʻida peshonamdan sovuqdan-sovuq ter quyiladi. Najot istab koʻzlarimni yana atrofga olaman. Boshqa hayqirgim kelmaydi... Birpas yurgach esa javonibdagi bir xil yoʻl manzarasiyu osudalikdan zerika boshlayman...

Bu orada kun yoyilib, olamni oʻz ogʻushiga ola boradi. Bir mahal ichimga oʻrmalab kirgan chanqoqni his qilaman. Tadbirga bosh uraman: yoʻlning ikki betiga koʻz yugurtirib, chashmami-buloqmi qidiraman. Lekin savil hadeganda topila qolmaydi. «Yoʻl yuraman, yoʻl yursam ham moʻl yuraman» – har holda menga shunday tuyuladi. Hammasiga bois chanqogʻimdir, ehtimol. Aslida, unchalik koʻp yoʻl yurmagandirman. E-e, nima boʻlsayam mayli. Hozir buning muhokamasi emas, suv muhim, uni topishga qaratilgan oʻy muhim. Qani endi bu qaqragan choʻl aro bir zilol suvli quduqqa duch kelsamu undan qonib-qonib ichib tashnaligimni qondirsam. Aqalli bir piyola suv boʻlsayam roziydim. Bir piyola suv...

Quyoshning qiyomga kelishiga hali ancha bor – olazarak qarab-qarab qoʻyaman. Faqat koʻk yuzida parcha-parcha bulutlar suzib yuribdi. Sarsor solsam, otlarning yurishiga hamohangdek. Ya’ni ularning ustiga soya tashlab borayotgandek. Sal oldinda ikki-uch qush ham ajabtovur chugʻurlashgancha uchib borishyapti. Esladim: ular safarimizning ibtidosidanoq bizga hamrohlik qilishgan ekan. Ajabo!.. Bir pasda iyib-joʻshib ketdim. Axir butun borliq: yerda yoʻl, oʻrkach-oʻrkach qumtepaliklar, koʻkda esa bulut va qushlar... hamma-hammasi menga koʻmakdosh ekan, hech shubha yoʻqki, uhdamdagi vazifani bekamu koʻst bajargumdir! Aqlimga kelgan bu fikrdan olamni toʻldirib yana bir hayqirgim keldiyu, qoʻrqdim: istagim boyagidek teskariga aylanib ketmasin tagʻin...

Yoz emasmi, halitdan qizdirgani-qizdirgan. Tashnalik jon-jonimdan oʻtganda yoʻl uzogʻi chayqalib-jimirlab, halqob-halqob suvga aylanadi: «saro-o-o-ob» deyman-u, iztirob bilan tamshanaman. «Shunchalar nodon boʻlamanmi, – koyiyman oʻzimni oʻzim, – nega bittagina koʻzada suv olvolmadim? Axir yoʻlga chiqayotganimni bilardim, boz ustiga jaziramada!..»

Ichimga behuzurlik kirib najotni atrofdan izlay boshlashim bilan negadir aravamning maromiga ham putur yetdi: otlar sezilarli darajada sekinlashdi. Endi jilovni siltashni bas qilaman – bosh ustlarida bulutlardan shamsiya boʻlsa-da, issiqda boyaqish jonivorlarga ham jabr deyman. Oʻzlari xohlagancha tortib borishaversin-chi, bir gap boʻlar. Ammo vaqt oʻtgani sayin, aravaga ortilgan yuk zalvor bosayotganini, ulovning gʻichirlab borayotgan gʻildiraklari tobora yuvosh aylanayotganini ich-ichimdan sezaman. Bu yogʻi necha pulga tushdi deb qoʻyaman, peshonamga toshib chiqqan reza-reza terni qoʻlimdagi oppoq durra bilan sirib artarkanman.

Manzil!.. Eh-he, u hali juda olisda, ufqlarga yondosh sarhadlarga esh goʻyo. Ammo menga bir tekisda harakatlansang, qosh qorayguncha mazgilga doriysan, shu yoʻlning oʻzi u yerga eltadi, deb uqtirishgan. Men ham shunga ishonganman, suvsaganimni aytmaganda, ishonchim hali-hamon bus-butun. Biroq chanqoq ham borgan sari zabtiga olar, ichimga anavi oʻrkach-oʻrkach qaynoq qumliklar koʻchib oʻtayotganga oʻxshardi.

Bir mahal uzoqdan sardoba monand nimadir koʻzga chalindi. Boshida koʻp-da umidlanmadim, zero sarobdan yurak oldirib qoʻygandim-da. Biroq yovuqlashsam hamki, sardobaning qorasi oʻchavermadi. Qaytaga tobora tiniq tortib, koʻz oʻngimda butun mahobati bilan yuksalib, qad koʻtardi. U – yoʻl chetidagi kattakon karvonsaroy boʻlib chiqdi. Quvonganimdan otlarni qanday toʻxtatib, aravadan qanday tushganimni-yu, koʻz ochib yumguncha tabaqalari lang ochiq darvoza qarshisida qanday paydo boʻlganimni bilmayman. Oh! Shu tobda menga hayot goʻyo qaytib berilgandek edi!..

Boʻsagʻada meni sarvqomat, koʻzlari ohunikini eslatadigan jonon qiz qirmizi dudoqlarida nim tabassum ila kutib oldi. Ogʻiz ochishga ulgurmasimdan nariroqda shildirab oqib turgan chashmaga ishora qildi. Chopib oʻsha yerga oʻzimni urdim. Qulogʻiga – olib ketilmasligi uchun boʻlsa kerak, – ingichka zanjir bogʻlangan munaqqash mis piyolani toʻlatib ichdim. Yutoqib-yutoqib simirdim. Toʻrt-besh piyola sipqaraman, deb oʻylagandim, yanglishgan ekanman, bir piyola kifoya qildi. Ajablandim. Baquvvat, yagʻrindor yigit boʻlsam, yozning chillasida, quyoshning tigʻida subhi sodiqdan beri yoʻl yurib obdon chanqagan esam-u, qayoqdagi munchoqdek bir piyola suv bilan tashnaligim tamoman qonsa?.. Hay mayli, bu gaplarni ham qoʻyaylik. Muhimi, azoblarim barham topib, koʻzlarim yaraqlab ochildi. Vujudim orom olib, yoʻl yurishga oʻzimni yana tayyor sezdim. Keyin yuz-qoʻlimni yuvdim. Va, bas!..

Endi olgʻa intilishim kerak! Bu yerda va umuman hech qaerda hayallashim mumkin emas, ogʻishmay manzil tomon yoʻl yurishim shart! Menga shunday jiddiy bir vazifa tayinlangan, men ham sidqidildan qabul aylagan edim. Qabul aylamaganimda safarga chiqmasdim, buniyam bilardim. Fursatni boy bermay yonimni kavlab aqcha chiqardim. Lekin mutavoze’ qiz uni olmay, qoʻl ishorasi bilan ichkariga yoʻlladi. Ya’ni u yoqqa borib toʻlang demoqchi boʻldi. Men beixtiyor ichkariga odimladim. Eh-he! Qaerga kelib qoldim oʻzi! Namuncha serhasham va moʻl-koʻl boʻlmasa biyobonning qoq oʻrtasidagi bu goʻsha! Odamni aytmaysizmi, qaynaydi-ya qaynaydi! Chor tomondagi qoʻshqavatli imoratu hovli sahni qaldirgʻochdek tizilib oʻtirgan xoʻrandalar bilan toʻla. Ularning nash’ali yuzlariga boqarkanman, havaslandim. Agar... agar mas’uliyatli vazifam boʻlmaganida men ham shu yerda qolardim, ulardek maishatga tolardim, deb suqlandim. Agar vazifam boʻlmaganida...

Bir zum kalovlanib qoldim: qaerga borib, kimga toʻlayman suv haqini?..

Koʻzim etakdagi, umumiy manzaradan panaroqdagi odamlarga tushdi: ular saf tortib turishardi. Ammo yuzlarida negadir shodlik alomatini koʻrmadim. Tavba-a-a, dedim tong qolib. Chunki tund qiyofalar bu yerdagi salobatga, dabdabaga, yeb-ichib, kayf-safo qilib oʻtirgan kishilarning yalpi koʻtarinki kayfiyatiga uygʻun kelmasdi-da! Beixtiyor oʻsha yoqqa yurdim: haq toʻlanadigan tuynuk deganlari shu tomonda boʻlsa kerak – chamaladim. Xushxon va maston davralarni aylanib oʻtarkanman, ogʻzimning suvi qochdi...

Voqean, menga kerakli boʻlgan joy shu yer chiqdi. Navbatga turishga turdimu, ichimga gʻulgʻula tushdi: nahotki, bir piyola suv haqini toʻlayman deb shuncha odamni poylasam, oltindek vaqtimni koʻklarga sovursam? Axir mening vazifam bor, vazifam!.. Alanglab xizmat qilib yurgan laganbardorlarga, koʻrinishlaridan ma’muriyat xodimlariga oʻxshagan olifta kishilarga umid bilan qaradim, hatto ikki-uchtasining oldigayam bordim, ne yoziqki, ular dardimni eshitishniyam xohlashmadi: hammasi sovuq bir tarzda tuynuk tarafni, u yerda qator turgan odamlarni koʻrsatishdi. Shundagina xoʻrandalarning holini, zabun kayfiyatlarini tushundim. Boyagi anglashilmovchilik tumandek tarqab ketdi. Indamay borib, quyruqqa tiqildim.

...agar bilganimda, bir piyola suvni deb shuncha vaqt oyoqda tik turib kutishimni, vaqtimni suvlarga oqizishimni, vazifamni oʻylab vijdon azobida qolishimni oldindan sezganimda bu yerga kirarmidim? Aytishga oson, xolos. Aslida toqatim toq boʻldi. Qismatdoshlarim bilan dardlashaman, deya ogʻiz ochamanu javob ololmayman. Hammasining ogʻzida talqoni bormi? Yo bari soqovmi?..

Qoqilgan qoziqdek tik turaverish jonga tegadi. Oyoqlarga bir zum dam berish uchun choʻkkalayman, koʻp oʻtmay esa tizzalarim uyushib chor-nochor qoʻzgʻalaman. Endi mening ham gaplashishga na hushimu na kuchim qoladi... Shunda men ham safda turganlarning bittasiga aylanganimni alam bilan his qilaman: soqov va gung boʻlib olaman... Shu koʻyi sahnada oʻtirganlaru navbatda tik turganlarga azmoyish-la qarayman: hayhot! – bu yerga kirayotganda hammaning koʻzlarida umid va quvonch charaqlardi-yu, chiqayotganda esa oʻkinch va malol yolqinlanardi. Qatorda turarkan, sahna va qoʻshqavatda yastanib olgancha koʻngilxushlik qilayotganlarga endi achinish bilan boqaman. Qaniydi bir pasdan keyingi hollarini koʻra-bilsaydilar deyman... ichimda...

Vaqt aylandi, men atrofni kuzatishdan charchadim. Choʻkka tushgan koʻyi koʻzlarimni yumdim. Lahza oʻtmay vujudimda yana tanish tashnalik oʻrmalay boshladi – yarq etib koʻzlarimni ochdim! Vo darigʻ, bu nimasi? Men chanqogʻimni bosish uchun bir piyola suv sipqardim-u, uning haqini toʻlash uchun sirada turarkan, tagʻin suvsadimmi?!.. Tushib qolgan holimga maymunlar yigʻlaydigan edi. Lekin navbatni tark etib, yana oʻsha chashmaning boshiga borib suv ichishga botinmasdim: axir, siram qoʻldan ketadi. Axir, navbatda turgan odamlar izdihomining na boshi, na oxiri koʻrinadi!.. Shu yerda ham oʻz oʻrningga ega boʻlishing kerakligi meni jinni qilayozdi... Shunday ekan, navbatdan chiqishga kimning ham yuragi dov berardi? Tishimni tishimga bosib kutishda davom etdim...

Gʻoyat imillab oldinga harakatlanayotgan safda ba’zan xud, ba’zan bexud edim. Goh hushimga kelib, oldindagi safdoshimni turtib yurishga undasam, goh issiq va tashnalikdan, zoʻriqish va diqqinafaslikdan ne koʻylarga tushganimni bilmay alahsiganimda, izimdan kelayotgan shoʻrlik meni nuqib harakatlanishga undardi... Shu tarzda qancha fursat kechdi? – bilmayman. Yelkamdan birov qattiq itardi, oʻzimga kelib koʻzimni ochib qarasam, tuynukning shundoq roʻparasidaman! «Oh!» deb yubordim beixtiyor. Azza-bazza kissamdan pul chiqarib gʻaznachiga uzatdim-da, shoshib u yerdan uzoqlashdim...

Odim otarkanman, negadir vujudimda lohaslik, charchoq sezardim. Qadamlarim ham negadir bu yerga ilk kirganimdagidek dadil emas, allaqanday ogʻir, kuchsiz va hafsalasiz... lekin nega? Yo shunchalar uzoq vaqt qolib ketdimmi bu yerda: toliqdimmi, ezildimmi?..

Ammo bular nima degan gap? Axir navbatdan qutuldim-ku! Tashqariga eson-omon chiqib olganimdan sevinchim ichimga sigʻmasdi, hadeb koʻkka sakragim kelardi. Shu mahal allaqanday gʻayrishuuriy savq ila sezib qoldimki, vujudim bu ishga qodir emas! Hayron boʻlib qoʻl-oyoqlarimga qaradim: yo parvardigor! Bu nimasi!? Qanday joduga uchradim men? Kirganimda yoshlik shijoati ufurib, tiyiqsiz kuch-quvvatga toʻlgan tanim tirishib, eti ustixoniga yopishib qolgan, suyaklar teridan boʻrtib chiqib turar, juda-juda moʻrt va quvvatsiz tuyulardi. Angrayib, ogʻzim ochilgancha atrofga koʻmak ilinjida boqdim va... va koʻzlarim yana oʻsha eshikbon qizga tushdi! Tushdiyu lolu hayronligim ming chandon ortdi: qiz men kirayotganda qanday zirillama yosh va lobar boʻlgan boʻlsa, hozir ham oʻshandogʻicha turar, qirmizi lablaridagi nimtabassum bilan tashnalarni ichkariga tinmay chorlar, tashrifchilarning boʻlsa keti uzilmasdi... Darvoqe, nazarimda bironta arava ham karvonsaroyni chetlab oʻtib ketmayotgandek, aksincha, bari-barchasi toʻxtab, ulardan sakrab tushayotgan aravakashlar oʻlaman sattor deyarchasiga oʻzlarini yosh qiz koʻrsatayotgan oʻsha chashmaga, uning bir piyolagina suviga urayotgandek edi...

Boshim aylanib, gandiraklab yuztuban yiqildim. Koʻzimga, ogʻzimga tuproq kirdi. Negadir u iliq edi. Lablarim yorildi, shekilli, achisha boshladi. Yotgan koʻyi surindim, paypaslandim. Ittifoqo, barmoqlarim tayoqni his qildi: mahkam tutib, suyanib dol qaddimni rostlashga urindim. Yuz-koʻzlarimni artib, qoboqlarimni ochdim: qarshimda arava turardi. Lop etib hammasi yodimga tushdi. Axir... axir mening vazifam bormasmidi, juda muhim topshiriq bilan yoʻlga tushmaganmidim! Keyin... keyin toʻsatdan qosh qorayganini payqab, dahshatdan kesakday qotdim: hammasi sob boʻldimi?! Oʻz zimmamga yuklatilgan muqaddas vazifani uddalayolmay dogʻda qoldimmi?! – deya baqirmoqchi boʻldim... Lekin ovozim chiqmadi, chiqmadi-yu, hayqiriq naq miyamda portlaganini aniq his qildim...

Hassaga tayana-tayana, bir-bir bosib aravaga yaqinlashib, hasrat-la unga suyandim. Shunda oʻmganim, yonboshim jiqqa hoʻl boʻlganini sezib, tislandim-da koʻzlarimni yirib aravaga qaradim: undan suv sizar va tuproq betida namlik hosil qilgan edi. Ajablandim, bor madorimni toʻplab, arava ustiga yopilgan matoni qaltiroq, ramaqijon qoʻllarim bilan tirmalab ochdim... E voh, shu choqqacha boshimga tushgan ajabtovur voqealar bir yonu bunisi bir yon boʻldi: ne koʻz bilan koʻrayki, aravaning ichida suv toʻla koʻzalar qator tizilishib turar, ulardan bittasi yiqilib singan-u, suvi quyiga – asriy tashna qumliklarga chak-chak tomardi...

2011 yil, fevral
«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 2-sonidan olindi.