OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiHaykallar oroli (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Haykallar oroli (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

Birinchi safar

Tinch ummoni vazmin chayqaladi. Cheksiz masofalar oʻz qa’riga sir yashirgan yangligʻ uzangan: ular bir vaqtning oʻzida ham oʻz bagʻriga chorlaydi, ham undan itaradi. Hozir esa suv yuzasini qalin oqish tuman qoplagani bois qayiqdan turib qaralganda burun ostinigina koʻz ilgʻaydi: ikki quloch narida nima bor, koshki bilib boʻlsa...

Qayiq ichi baliqlarga liq toʻlgan esa-da, baliqchilar toʻrlarini yana suvga tashlagan koʻyi tek qotishgan. Tushib qolgan vaziyatlarida boshqa nimayam qoʻllaridan kelardi, deysiz. Bor-yoʻq qiladigan ishlari kutish boʻlgandan keyin kutishadi-da. «Kimni, nimani?», deysizmi. Quyoshni!.. Quyosh zich tuman koʻksini chok-chokidan soʻkkancha ularga yoʻl koʻrsatishi kerak hali. Yoʻqsa, adashib, Orolga dushman tomondan borib qolishsa, hollariga maymunlar tugul, qayiqda potirlab yotgan manavi chalajon baliqlar ham dumlarini likillatib kulib qolishlari hech gapmas. Aslida, kulish - shularning haqqi. Jonlaridan rosa alam oʻtib turibdi-da oʻziyam shu tobda. Alam qayiqdagi odamlardan yetdi. Maymunlar esa... oʻh-hoʻoʻ, maymunlar uzoqda – naq orolda: ular koʻrmasliklari mumkin. Qolaversa, bekordan bekor netib kulishsin maymunlar?..

Oqyonus odatda tinch mavjlanadi. Faqat bu sokinlik ba’zan aldamchidir. Qoʻynida oʻziga yarasha tahlikalari bor uning. Yoʻqsa, baliqchilar tusmol qilib boʻlsayam suzib ketgan boʻlishardi. Suzisholmaydi-da. Chunki yuraklarini ummon uzra tanda qoʻygan quyuq tuman yangligʻ moʻl-koʻl qoʻrquv egallagan. Yana bu qoʻrquv deganimiz baliqlarni tutish uchun suvga botirilgan, qayiqning chor atrofini «ishgʻol qilgan» toʻrga ham juda mengzarkan. Qoʻrquvki, bir tomondan, adashib ummonning bekaron kengliklariga chiqib qolish qaygʻusiga bogʻlansa, boshqa jihati, boya aytganimizdek, yogʻiyning qoʻliga tushib qolish xavfiga borib ulanadi. Ularning moʻ‘jazgina Orollari qayda ekan, yolgʻiz Yaratganga ayon. Ammo savil tuman tarqamaguncha bir quloch ham siljib boʻlmaydi: ipsiz bogʻlangan, degan ibora bor-ku, ayni shularga mos.

Baliqchilar odatdagi oʻzaro gangur-gungurlarini ham bas qilishgan; muloqotga toblari yoʻq ularning. Netib ham boʻlsin? Agar tuman hali-veri tarqamaydigan esa, hollari nima kechadi?.. Inchunun, ular tashqaridan har na qadar ogʻir-bosiq, koʻzlarini yumgan koʻyi mudrashayotgandek koʻrinsa-da, aslida, ichlarini shiddatkor bir hadikning tirmayotgani rost gap.

Bir mahal deng, hech kutilmaganda qalin tumanzor ichra naq tumshuqlari ostidan haybat bilan allaqanday qoratqi chiqib kepqoldi-yov! Zum oʻtmay gʻira-shira koʻrinayotgan oʻsha narsa ma’lum qiyofaga kirdi: uning ulkan qayiq ekanligi ayonlashdi. Qayiqchilar oʻzlarini tutib, biron tadbir olishga ulgurmaslaridan ikki qayiq tumshuqma-tumshuq toʻqnashib ketsa boʻladimi!.. Kuchli siltanish natijasida qayiq chetida oʻtirgan yosh yigit «shalob» etib suvga tushib ketdi. Qolgan uch baliqchi esa arang muvozanatni saqlab qoldi. Sarosima boshlandi. Chunki ilkis kelib qolgan qayiq yovniki ekanligi ma’lum boʻlgan edi. Ma’lum boʻlgandi-yu, ajab, shu bilan boshqa hech qanday voqea yuz bermadi. Hech kim hech kimsaga qilich koʻtarmadi, nayza oʻqtalmadi, kamondan oʻq uzmadi. Dushman tomon koʻpchilikni tashkil qilsa-da, negadir oʻzlarini doʻstona tutdi. Hatto tushib ketgan baliqchini tortib olisharkan, halaqit berish u yoqda tursin, mavridi topilsa, yordam bergulik alpozda xayrixoh boqdi. Soʻng qiziqsinish bilan yovlar bir-birlarini kuzata boshladi. Ajabki, yogʻiy qayigʻida ikkita qiz ham bor boʻlib, ulardan birining kiyimi va boshiga qoʻndirib olgan yarashigʻligʻ qalpogʻining bejirim toʻqasidan hammasi ayon: u, hoynahoy, qabila sardorining qizi. Boʻlib ham benihoya goʻzal qiz edi!..

Boshqa payt boʻlganda bunday qimmmatli oʻljani qoʻlga kiritish uchun toʻrtovlon boshlarini kundaga qoʻyishga ham tayyor boʻlishi hech gap emasdi. Ammo hozir... Hozir ular negadir qilt etishmasdi. Aftidan, shu tobda ularning bir-birlaridan ming chandon, million chandon boshqa xavfli dushmani boʻlib, uning oti - ummon, quyuq tuman ichra berkingan bepoyon va noma’lum dunyo edi! Oqyonus qarshisida, uning sirli-gizli qudrati qarshisida qayiqdagilarning bir-birlariga boʻlgan yovligi judayam arzimas va mayda tuyulardi ayni damda. Buni hech kim hatto xayoliga ham keltirmagandir balki, biroq ushbu ma’no hammaning botinida, huv ichkarida bir joyda bosh koʻtarib, oʻzini sezdirgan va baliqchilar shu ma’no toʻriga asir tushib qolgan edi. Faqat toʻrtovlon orasidagi yosh va kelishgan yigitninggina koʻzlari ehtimol boshqa ma’no bilan charaqlar, u qizga tikilgancha, ehtimol, qizning goʻzalligi toʻriga asir tushgancha, atrofni, tumanli ummonga bandi olamni unutgandek parishon koʻrinardi...

Allaqancha fursat oʻtganiga qaramay, ikkala qayiqdagi eshkaklar ham ishga solinmadi. Kelib urilgan qayiq oʻzining sezilar-sezilmas harakati bilan sekin, judayam sekin surungancha yigitning qayigʻidan uzoqlashdi. Bunga yana ostda bilinar-bilinmas «nafas olib yotgan» ummon ham yordam berib yubordi, shekilli. Ammo yigit bilan qiz bir-birlaridan koʻz uzishmasdi. Bilasizmi, shu qisqa fursat mobaynida ular dunyoning hamma tillarida gaplashib ulgurishdi, desam, balki siz ishonmassiz, ammo boshqa tomondan, sizning aqlingiz bovar qilmaydigan hamma narsa bekor gap degani emasligiga men iymon keltiraman. Shu gʻayritabiiy ishonchga tayanib yana aytamanki, yigit va qiz chaqmoq umrichalik fursat qoʻynida bir-birlarini yoqtirib ulgurishdi, keyin... keyin buning xomxayol ekanligini ham alam bilan koʻngillaridan oʻtkazishishdi. Axir, dunyo butunlay teskarisiga aylanib ketmasa, bu ikki yoshning, boʻlib ham qabila boshliqlarining oʻgʻli va qizining qachonlardir birga boʻlishlari haqida oʻylash uchun kishining tentakroq boʻlishi kerak! (Astagʻfurulloh! Yaxshisi, tagʻin Xudo biladi, deylik...) Axir, ular ikki yuzkoʻrmas yovning farzandlari, qabilalar oʻrtasidagi adovat esa ming yillardan buyon davom etib kelayotgan boʻlsa, ayting, yana nimalarga umid bogʻlash mumkin?!..

Bu yoqda siz bilan biz shunday oʻylar girdobida aylanarkan, u yoqda yov qayigʻi baliqchilardan olislab, tumanlar ichra tamoman koʻzdan yoʻqoldi. Goʻyo umuman boʻlmagan kabi yitdi-ketdi...

Shundan soʻng uchchovlon oʻzlarini anchagina xotirjam tutdi. Faqat suvdan tortib olingan yosh yigit chakkasidan ummonning shoʻr suvlari tomchilayotgan tumanrangli xayollarini yana xuddi shunday tumanzorning pardasimon devorlariga osib qoʻydi goʻyo...

«Tutqunlik»ning uchinchi kuni tumanning oqish pardasi soʻkilib, quyoshning zarrin, ammo hali ancha zaif nurlari qayiqda oʻtirgan uch davangir erkakning tund yuzlarini kuchsizgina yoritdi. Shu hamono baliqchilar harakatga tushishdi: indamay turib eshkaklarini qoʻlga olishdiyu oydinlay boshlagan atrofga boqib yoʻllarini aniqlashdi. Koʻp oʻtmay esa manzil sari dadil suzib ketishdi. Suzib borisharkan, chor tomonga hadiksirab qarab-qarab qoʻyishar, goʻyo bu tavrlari bilan kuni kecha roʻparalaridan tuyqus chiqib qolgan yov qayigʻiga takror duch kelib qolmasmikanmiz, deyishar edi...

Faqat endi yosh yigitning chehrasida cheksiz minnatdorchilik tuygʻulari akslanar, oroldan bir uchi osmonlarga tutashib ketgan ummonga ilk safaridan bagʻoyat baxtiyor koʻrinardi...

Ikkinchi safar

1

Nihoyat, ular Orolga yetib kelishdi.

Orol katta emas, bir chimdim lof qoʻshib aytadigan boʻlsak, baland boʻyli chopagʻon odam boʻlsayu bor kuchini toʻplab u boshidan bu boshiga qarab bir yugursa, charchashgayam ulgurmay, maydoni ado boʻladi-qoladi. Albatta, oʻrtadagi togʻ masalasi bor. Shu yerga kelgach, naynov chopagʻonimiz oz-moz ter toʻkishi kerakdir, ehtimol. Ha, mayli, nima boʻlgandayam, siz meni tushundingiz, doʻppidek bir Orol-da. Aholisi ham shunga yarasha: bir hovuch deysiz. Lekin shu bir hovuchgina odam ham hafsala qilsa, bir-biriga dushmanlik qilishni eplar ekan-ey: ular ikki qarama qarshi guruhga boʻlinib olishgan, naq oʻt bilan suv, deng. Goʻyo dushmanlik ishisiz zerikib oʻlishadigandek. Yemishlari Oroldagi oʻrmon jonzodlariyu yana hadsiz-hududsiz ummon bagʻridagi baliqlar. Boʻldi...

Keksalarning aytishicha, ular qachonlardir noma’lum bir yoqdan Orolga koʻchib kelishgan ekan. Ular emas, ularning qadim ajdodlari-da! Oradan necha-necha asrlar oʻtib ketganiga qaramay, dushman qabilalar oʻzlarining koʻp eski bobosiyu momosi bir ekanligini yaxshi bilishadi, lekin ne yoziqki, oʻzlari bir tanu bir jon boʻlisholmaydi. Hatto guruhning baxshiyu oqinlari ham bu haqda goh kuylashadi, goh yigʻlashadi. Lekin ularga onda-sonda quloq soladigan topilmasa, yoʻriqlariga yuradigan qayda?.. Baxshilarning kuylashicha, orolga ular koʻpchilik boʻlib emas, balki bor-yoʻgʻi ikki kishi boʻlib, bir yigitu bir qiz boʻlib kelishgan. Hozirgilar ana oʻshalarning avlodlari. Faqat hech kim bilmaydiki, ular qaerdan kelishdiyu nega kelishdi, yana nima uchun aynan ikki kishi boʻlib?..

2

Buni qarangki, bu besh kunlik dunyoda bir oʻtovda birpas barobar oʻtira olmas yovlarga aylangan taraflar qachonlardir etu tirnoq kabi inoq boʻlishgan. Vaqtlar oʻtib koʻpayishdiyu oʻrtadan mehru oqibat koʻtarildi: hech joyga sigʻmay, oʻzaro nizoyu nifoqqa ruju qoʻyishdi. Natijada urugʻning yetakchilari kattakon qabilani ikkiga boʻlib tashlashdi. Shunday keyin Oroldagilarning oʻzlarini tutishidanu kiyinishidan tortib gap-soʻzlariyu qiligʻigacha, qoʻyingki, borliq turish-turmishigacha oʻzgara boshladi. Ya’ni har bir guruh bir-birlaridan farqli, boshqa ekanliklarini huda-behuda pesh qilishadigan boʻlishdi. Asrlar oʻtib esa haqiqatan ham shunday boʻldi ham. Ularning shaklu shamoyiliyu rangu roʻyigacha yaxshigina turfalanib qoldi. Ikki qabilaning elchilari oʻrni kelsa, bir-birlari bilan tilmoch orqali tillashadigan hollarga tushishdi. Ammo Orol aholisi hayotini tubdan oʻzgartirib yuborgan, kerak boʻlsa, ularning taqdirini hal qilgan baloi azim boshqa yerdan chiqib keldi. Qabilalar oʻrtasidagi dushmanlik shu darajaga borib yetgandiki, ular oʻz nafratlarini va ayni chogʻda, oʻzlarining yogʻiydan ustunliklarini har kuni, har lahza izhor qilish yoʻllarini qidirib qolishdi. Tabiiyki, kunda urishib boʻlmasligini ular yaxshi bilishar edi. Toʻgʻri-da, katalakdek joyda, bir toʻda odam bilan Xudoning bergan kuni jang qilib boʻlarmidi? Lekin oʻylab koʻrishsa, raqiblikning boshqa yoʻllari ham bor ekan: oʻz kuchu qudratingni koʻz-koʻz etib, dushmanning hasadini keltirib, ichidan yemirishning zavqiga nima yetsin!..

3

Shunday qilib, toshdan haykal yoʻnib, ummon suvlari urilib turgan sohilga oʻrnatishni qiz taraf boshlab berdi. Yigit taraf boʻlsa haykalni ovdan qaytayotib koʻrib qoldi. Koʻrganlarini qabila boshqonlariga oqizmay-tomizmay, miridan sirigacha aytib berdi. Koʻp oʻtmay, yigitning qabilasi tomonida ham shunga oʻxshash, faqat qiz tarafnikidan andak baland haykal qad rostladi. Taxminan, shuncha fursat oralatib, qizning sohilida uchinchi haykal paydo boʻldi. Faqat u narigilardan balandroq va koʻrkamroq edi... Gapni choʻzib nima qildik, oʻzingiz fahmlab boʻlganingiz kabi, Orolda haykal oʻrnatish musobaqasi boshlangan edi.

Har qaysi qabila oʻz ulugʻiga bagʻishlab haykal oʻrnatardi. Haykal boʻlgandayam eng a’lo, eng raso toshdan, deng. Faqat, qurgʻur, uni oʻrnatish uchun juda koʻp yogʻoch kerak boʻlardi. Chunki tosh boshqa, haykal oʻrnatiladigan makon yana boshqa joyda joylashgani bois soʻloqmondek ogʻir yukni tashish faqat va faqat yogʻoch orqali amalga oshirilardi. Shuning uchun ham har ikki tomonda oʻrmonlar shiddat bilan kesilardi...

Yillar davomida har bir urugʻ tomonidan oʻnlab shunday haykallar tiklandi. Har bir urugʻning oʻz saylgohi bor boʻlib, undagi haykallar suvga qarab turishardi. Ummonga ov uchun chiqishganda ular bir-birlarining haykallarini tomosha qilishar, chamalashar, solishtirar, qaytib kelgach esa undan-da adl, undan-da savlatdor haykal yoʻnishga kirishib ketishardi. Ha, Orol ahli hamma narsani unutib, toshdan haykal yoʻnishga mukkasidan berilgan edi. Aslini olganda-ku, haykal yasash choʻt emasdi ularga. Orolning yarmi oʻrmon, yarmi ulkan toshlardan iborat yassi togʻ edi. Toʻgʻrirogʻi, togʻ orolning qoq oʻrtasida joylashgan boʻlib, chor tomoni qalin oʻrmonzor bilan qoplangandi. Bunday qulaylik ularga haykal yasashning mislsiz imkonlarini yaratgan, ular ham shu ishga boshlari bilan shoʻngʻib ketishgandi.

Haykalni ulkan, yaxlit toshdan oʻyib ishlashar, tayyor boʻlgach, oʻrmondan daraxtlarni kesib, maxsus yogʻochlar yordamida uni belgilangan joyga sudrab keltirishar, tikkalab oʻrnatishar, soʻng yana behisob oʻtin yoqib, uni qutlashar, atrofga, toʻgʻrirogʻi, yogʻiy nazariga koʻz-koʻz qilib zavqlanishardi. Bunga jaboban, sal oʻtmay, raqib tomon ham xuddi shu ishni takrorlab, undan-da baland, undan-da hashamdor yangi haykal oʻrnatib, yuzlab daraxtlarning sarjinlari evaziga yovning hirsu hasadini qoʻzgʻab, olov tegrasida haftalab raqsga tushib, qiyqirib shodlanishardi. Bir qarasangiz, Orol xalqi faqat shu ish bilan bandga oʻxshardi. Odamlarning ogʻzidan bitta soʻz - haykal, haykal, haykal tushmasdi. Urushlar tobora avj olib, yuzlab Orollikning yostigʻi qurib qolganiga qaramay, kin va adovat baralla davom etar, yangi tugʻilgan chaqaloqlarga haykallarning ismi, haykallarga esa jangda oʻlgan qaxramonlarning nomi berilardi. Shunday qilib, hammasi bir yerda, bitta Orolda, Oroldagi haykallar atrofida aylanardi: hayot ham, xayol ham, orzuyu armon ham...

4

Bora-bora esa oʻrmon kamayib ketdi. Dushman qabilalar oʻziniki qolib, yogʻiy hududidan daraxt oʻgʻirlashga kirishishdi. Natijada bir dushmanlik oʻnga yetib, bir-birlarining ustiga qoʻshin tortib kelishlar qiriga chiqdi. Nihoyasi yoʻq toʻqnashuvlar oqibatida oʻrtaga tikilgan devor, devorga qoʻshilib yon atrof, butun orol payhon boʻlib borar, adoqsiz qirgʻinbarotdan soʻnggina yana ma’lum muddat, shundayam nafas rostlash uchungina tin olinardi. Bu vaqt mobaynida yer bilan bitta qilingan devor qayta tiklanar, oʻliklar dafn etilar, maydonlar naridan beri tozalanardi. Oʻrmon kamaygani sari undagi hayvonotu nabotot, parandayu darandaning ham mazasi qochgandi. Hayvonlar soʻyilib yo qirilib sob boʻlgan, qushlar esa bu xosiyatsiz Oroldan chor tomonga uchib jon saqlardilar. Odamlar... Ular och qolib, och koʻzlarini suvgagina tikib, poyonsiz ummon hadya etadigan ne’matgagina umid bogʻlab kun oʻtkazadigan hollarga tushishdi. Ana shunday talotoʻplarda deng, ilgari kamnomaroq, kamsuqumroq boʻlgan kalamushlar birdaniga har yoqni moʻri malaxdek bosib ketganini hech kim payqamay ham qoldi. Jirkanch maxluqchalar quruqlikda, suv boʻyida, yertoʻlalarda, hatto odamlar yashaydigan kapayu oʻtovlarda ham emin-erkin kezishaveradigan odat chiqarishdi. Ochin-yupun qabila a’zolari ularni tutib, olovda pishirib yeyishdan-da tap tortishmasdi. Lekin shuncha koʻrgiliklar yetmagandek, taqdirning baloyu qazosi yangligʻ Orolga oʻlat degan kasofat tarqaldi. Omonsiz urushlardan moʻ‘jiza tufayli omon qolgan kishilar endi yoppasiga qirilib keta boshladi.Tosh yoʻnadigan, tayyor haykalni sudrab, belgilangan joyga oborib oʻrnatadigan azamat qolmadi, hisob. Ammo bu ne shoʻrishki, qolgan-qutgan shugina dildiragan tirik jonlar ham kechayu kunduz birgina ish – tosh yoʻnish bilan mashgʻul edi! Haykal dardi bilan andarmon edi ularning bari...

Ahvol tanglashib, oʻzining haddi a’losiga yetganida qabila vakillari hatto bir-birlarini tutib olib yeya boshlashdi. Ammo ne tongki, shunda ham tirik yurganlar, yurishga holi yetganlarki bor, har kun haykal dardi bilan uyqudan uygʻonib, oʻrtadagi yagona toqqa chiqib borishar-da, qosh qorayguncha bagʻirlarini harsanglarga berib ishlashar edi. Shu yerda, ulkan toshlar ustida holdan toyib, hushidan ketib va yo joni chiqib dumalab qolganlarning sanogʻiga yetgan yoʻq. Lekin hech kim ularga alohida e’tibor qilmas, oʻlganlarni pastga sudrab borib, umumiy chuqurga tashlab, ustiga bir sidra tuproq tortib qoʻyishardi-da, tagʻin toqqa qarab oʻrmalashardi. Bora-bora shunday kunlar keldiki, qoʻliga qilichu nayza olib jangga kiradigan jangchining oʻzi qolmadi. Qolgan-qutgan kishiki bor, barining qoʻlida sang taroshlaydigan asbobi yiltillardi...

5

Quyosh chiqdi, quyosh botdi, oradan yana bir yil oʻtdi. Bu yil yassi togʻda oʻrmalab yurganlarning ham izini quritdi. Orolda bir necha yuz odamgina ivirsib qoldi. Ha, Orolning holi xarob edi: yeru koʻkdan ofat ustiga ofat, zillat ustiga zillat yogʻilib boʻlgandi. Bas, oʻrtadagi devorni qaytadan tiklashga ham kuchlariyu xushlari yoʻq edi endi. Urushadigan zoʻravonning urugʻi qurigani uchun ham dushman qabilalar bemalol bir-birlari tomonga oʻta boshlashdi. Shunday bir paytda urugʻlarning ulugʻlari muzokara olib borish vaqti yetdi, deb hisoblashdiyu yigit tomondagilar qiz tomonga «tashrif buyurishdi».

Atrof-javonib ming yil davom etgan urush maydonini eslatardi. Orolni yaradoru kasallarning oh-vohlariyu boyqushlarning sovuq tovushlari bosib ketgandi. Nafsilamrini aytganda, har ikki tomonda ham bunga e’tibor beradigan koʻngli boʻsh odamning oʻzi qolmagandi, hisob. Hammaning tinkasi qurigan, diydasi esa haykal yoʻniladigan toshdek qotib ketgandi. Lekin shuncha vaqtdan beri ikki tomonning qulagan devor uzra ilk bor bir-birining tuprogʻiga behadik oyoq qoʻyayotgani kishini baribir ajablantirardi...

Yigit taraf oʻzlari bilan qalin muqovali, katta bir kitobni ham ola kelishgandi. Kirib oʻtiradigan butun oʻtov qolmaganidan ulugʻlar tashqarida, ochiq osmon ostidayoq aylana boʻlib, kesilgan daraxt toʻnkalariga omonat choʻkishdi. Hammaning nigohida soʻngsiz musibat arang nafas olardi...

Oqsoqollar qisqagina kengashishdi. Nafsilamrini aytganda, tortishadigan narsaning oʻzi qolmagandi. Xuddi orolda yeydigan oziqu kiyadigan kiyimning, tanalarda harakatlanadigan madoru ruhlarda yashaydigan qurbning sob boʻlgani kabi...

Yigitning otasi kitobni ochib bir jumla oʻqidi. Bunga javoban qizning padari buzrukvori ishora qilgandi, uning ham qoʻliga bir kitob keltirib tutqazishdi. U ham kitobni ochib, bir jumla, atigi bittagina jumla oʻqidi. Har ikki tomon «ma’qul» degandek bosh qimirlatishdi.

Shu bilan sulh majlisi qoʻzgʻaldi...

Uchinchi safar

Uch kun oʻtgach ikki qabiladan omon qolgan kishilarning hammasi sohil boʻyiga toʻplanishdi. Soʻng butun boshli Orolda suzishga yaroqli boʻlgan bittagina qayiqqa har qabila oʻz vakilini oʻtqazdi. Aftidan, kelishuvga binoan harakat qilinayotgan edi. Buni qarangki, ular, har ikki qabiladan tanlangan vakillar oʻshalar, oʻsha yigitu oʻsha qiz boʻlib chiqdi!..

Yigit ham, qiz ham dunyoga kelibdiki, koʻrganlari urush edi. Lekin endi koʻringki, chorasizlik ikki yuzkoʻrmas qabila boshqonlarini murosayu madora qilishga majbur qilib qoʻygandi. Ular teshilmay, yoqilmay qolgan oxirgi but qayiqqa birlari oʻgʻlini, boshqalari qizini oʻtqazib, taqdirga havola qilishdan behroq chora topisholmadi, vo darigʻ! Hatto jigarbandlarining qoʻliga bir misqol boʻlsa-da yegulik tutqazisholmadi. Faqat bir necha koʻzada suv, olov yoqish uchun chaqmoq tosh berishdi, xolos. Yana toʻr va qarmoq. Bas!.. Yigit va qiz xeshu tobor bilan ne bir ahvolda vidolashib, chor-nochor qayiqqa oʻtirisharkan, yuraklari xavotirga toʻla edi. Balkim botinlarining qay bir kunjida milt-milt etib umid chirogʻi ham yonib turardi...

Yigit ham qiz Oroldan uzoqlab suzib borisharkan, beixtiyor ortlariga qayrilib qarashdiyu taxtadek qotib qolishdi. Ne tongki, ularni sohilda qator boʻlib haykallar kuzatib qoʻyishayotgandi... Va... va barchasining yuzlarida namoyishkorona zaharxanda muhrlangandi... Haykallar dushmanni masxara qilish uchun atay shunday – yuzlarida achchiq kulgu bilan taroshlangandi. Shunda... shunda yigit va qiz bir narsani tushunib yetishdi. Oroldan ayrilishganda, undan uzoqlashishganda ayon boʻldi bu haqiqat. Shu choqqacha tushunishmagan, ularga hech kim, hatto qabilaning eng ulugʻlari, oqinlari, arkonlari ham lom-mim demagan haqiqat koʻz oʻnglarida yuz ochib turardi. U ham boʻlsa, haykallar, shu kekkaygan toshlar ularni haydab, Orolga, ularning Vatanlariga oʻzlari hokim boʻlib olishib, endi mazza qilib ustlaridan kulayotgan, qahqaha otishayotgan edi...

Yigit va qiz orolni aylanib suzishdi: haykallar har yerda, mitti Orolning har bir odimida askardek saf tortib turishardi. Goʻyo endi bu orol ularning oʻz Vatanlariga aylangan, endi u yerga odam tugul qush ham uchib oʻtolmasdi goʻyo. Binobarin, yigit va qiz endi bu Orolga abadul abad begona boʻlishgandi, endi u zaminga qaytisholmasdi, qaytishganda ham Orolni gir aylanib oʻrab olgan haykallar safini yorib, ichkariga kirisholmasdi...

Endi yigitu qiz hammasini bilishgan edi. Ularni bu holga solgan yovuz kuch ularning oʻzlari edi. Haykallar ana oʻsha yerdan, Orollik odamlarning oʻz ichlaridan toʻragan maxluqlar boʻlib chiqdi. Ammo bular emas, balki ularning ota-onalari, balki ularning ham ota-onalari... shu haqiqatdan vaqtida voqif boʻlishgandami, balki taqdirlari butunlay oʻzgacha kecharmidi. Hammasini tuzatish, qanchadan qancha qabiladoshlarining juvonmarg ketgan jonlarini, Oroldagi son-sanoqsiz parrandayu darranda hayotini saqlab qolish mumkinmidi oʻshanda... Ammo endi kech, judayam kech... Endi buni yigit va qiz biladi, ular hamma sirdan xabardorlar. Faqat bu sir endi kimga kerak ekan?.. Balki Tangri yorlaqab, ularning qayiqlarini shunday bir yam-yashil orolga olib chiqar-da, hammasi yana boshqacha boʻlib ketar, kim biladi, deysiz, nima boʻlgandayam yaxshi niyat yaxshi-da...

Yaxshi niyat yaxshiku-ya, ammo qani endi faqat niyatlar bilan ish bita qolsa. Bitmaydi-da. Butun boshli ikkita qabiladan ikki nafargina qolgan boʻlishlariga qaramay, yigit bilan qiz bir-birlariga yovdek qarashib, talay vaqtni boy berishdi. Ammo ular bitta qayiqda edilar, binobarin, bitta taqdirning hukmiga havola etilganliklarini, ortda, halokatga yuz tutgan qabilalarining yakkayu yolgʻiz umidlari oʻzlari ekanliklarini ich-ichdan anglab, his qilib turishardi. Turishardi-yu, na yigit va na qiz yurak yutib, ming yillik adovat devorini buzib tashlab, nimadir deyishga, nimadir qilishga jur’at qilishmasdi. Yigit indamay eshkak eshib, qiz boʻlsa, qayiqning yigitdan olisroq chetida suvga tikilgancha noma’lumlik qa’riga oqib borishardi...

Nihoyat, yigit ilk qadamni qoʻydi. U urindi lattaga oʻralgan allaqanday matohni avaylab ochdi-da, qizga qarab «Bu - bizning kitob!» dedi faxr bilan. Shunda qiz ham qoʻynidan shunday bir kitob chiqardi. Ularning biri osmon, ikkinchisi esa zamin rangida boʻlib, shaklu shamoyillari ham farqli edi. Ammo ichini ochib qarashsa, ikkalasi bir xil, bitta kitobdek tuyuldi. E, voh! Yigit va qiz hayratdan koʻzlarini katta-katta ochib, bir-birlariga xuddi «Oʻngimizmi-tushimizmi?» degandek savolchan boqishdi. Ular fahmlab turishardiki, necha ming yillardan beri jiqqamusht solishib kelgan ikki dushman qabilaning kitobi bir boʻlib chiqishi mumkin edi! Koʻzlariga ishonishmadimi, yonmayon-yon oʻtirib olishib, suzishni ham unutib, uzoq vaqt kitobni sinchiklab titkilashdi, varaqma varaq, misrama misra solishtirib oʻqishdi, ha, shubha yoʻqki, kitoblar tashqaridan har na qadar har xil boʻlib tuyulsa-da, mohiyatan bitta, yagona tilda, yagona Xattot tomonidan, hatto yagona siyoh bilan bitilgan bir kitobning ikkita nusxasi edi... Lekin nega? Nima uchun ularni oʻqiganlarning dillari doimo ayri-ayri boʻlib keldi? Nega ular oʻzaro til topisha olmadilar?..

Turib- turib, yigitning jahli chiqib ketdi. Shartta qoʻlidagi kitobni suvga uloqtirmoqchi boʻldi. Shunda qiz favqulotda chaqqonlik bilan kitobni yigitning qoʻlidan ilib oldi-da, orqasiga yashirishga ulgurdi.
— Shoshma! Balki uni biz, sen bilan men boshqatdan, tushunib oʻqib chiqarmiz? Ayb kitobda emasdir, ayb uni oʻqiganlardadir, bizning, orolliklarning kitobga boʻlgan munosabatimizdadir, ehtimol?!.. – dedi hayajonlanib.
— Bundan nima naf? Ota-bobolarimiz ularni ming yildan beri oʻqib kelishdi, avaylab, butun umr yonlarida olib yurishdi, lekin natija, natija nima boʻldi? Bizmi oʻsha la’nati natija? Tushib qolgan holimizga bir qarasang-chi?.. Yoʻq, otalarimizga yaramagan bu kitoblar sen bilan menga ham asqotmaydi. Bas, shunday ekan, ulardan voz kechish kerak, tushunyapsanmi, voz kechish!..
— Xoʻsh, voz kechding ham deylik. Keyin-chi, keyin nima qilamiz?!..
— Keyin biz oʻz kitobimizni yozamiz, eshityapsanmi, oʻqigan odam amal qiladigan oʻz kitobimizni bitamiz!..
— Qoʻlimizda shunday kitob bor-ku! Faqat unga amal qilish qolyapti, xolos!
— Yoʻq, ulardan tezroq xalos boʻlishimiz kerak!.. - qoʻlini kitoblarga uzatdi yigit.

Qiz ortiq e’tiroz qilmadi. Ammo kitoblarni olib tagʻin qayiqning narigi tomoniga borib oldiki, bu tadbir har qanday javobdan-da qat’iyroq javob edi. Yigit unga uzoq vaqt sinovchan qarab oʻtirdi. «Men tomonga oʻtar, yonimga kelib odamlarni toʻgʻri yoʻlga sololmagan kitoblarni qoʻlimga tutqazar yoki oʻzi ummonga otib yuborar», deb kutdi. Biroq qancha fursat oʻtmasin, qizdan sado chiqmadi. Alfozidan kitobni beradigan emasdi qiz. Aslo! Yigit unga yaqinlashgudek boʻlsa, kitob bilan birga hatto suvga shoʻngʻiydigan siyoqi bordek edi uning...

Tuni bilan ular shu taxlit oʻtirib chiqishdi. Nihoyat, ufqning quyuq qora pardasi soʻkilib, bobo quyoshning malla kokillari sekin-asta atrofni qoplay boshlagachgina yigit ogʻir qoʻzgʻaldi, eshkaklarni qoʻliga oldi va qayiqni harakatga keltirdi...

Ajab emas, taqdir yorlaqab, ular ham bir vaqtlardagi qadim ajdodlari yangligʻ zilol suvlari sharqirab oqib yotgan Orolga chiqib qolishar-da, hammasini boshqatdan boshlab yuborishar... Shunda, ehtimol, albatta kitobni qiz aytgandek qaytadan oʻqishga, oʻqiganda ham uqib oʻqishga tutinishar. Muhimi, oʻqib uqqanlariga rioya qilishar... Alqissa, u yerda hech qachon urush boʻlmaydigan, hamma bir-birlari bilan ahil va inoq yashaydigan jannatmonand mamlakat barpo etishar...

Xayolidan shunday oʻylar kechgani sayin bilagiga ham qayoqdandir gʻayritabiiy kuch kelib qoʻshilar-da, zoʻr berib eshkak eshardi yigit. Undagi oʻzgarishni his qilgan qiz, asta turib uning yonginasiga kelib oʻtirdi...

Safarning yettinchi kuni deganda yana bir yangi tong otib, qoramtir osmon oltinrang nurlarga chulgʻangan mahal, huv olisda, yigit va qizning qayigʻi suzib borayotgan tomonning etagida, momiq bulutlar ostida bir juft oppoq qush nimadandir xabar berayotgan kabi chugʻur-chugʻur etgancha charx urib aylana boshladi...