OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiKoʻzini ochib yumgan odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻzini ochib yumgan odam (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

Koʻzlarimni ochganim hamon savqitabiiy yordamida his qildimki, ustozimning koʻzlari manguga yumilibdi. E voh!..

Janozasiga ulguray, deya jadal yoʻl tadorigini koʻrdim. Uydan tashqariga chiqarkanman, koʻzim negadir huv baland togʻlar boshida xuddi oq roʻmol yangligʻ sollangan chiroyli, mahobatli, oppoq bulutlarga tushdi. Azador boʻlishimga qaramay, namuncha sehrli boʻlmasa ular, degan oʻy kechdi dilimdan. Shu barobari irodamni toʻplab, meni xijolatga qoʻyayotgan oʻylarimni quvib soldim-da, yoʻlga ravona boʻldim.

Yoʻlda ustoz bilan birga oʻtkazgan damlarimni bir-bir xotirladim. Uning har biri ikki jahonga badal oʻgitlarini yodga olganimda koʻzlarimdan achchiq yoshlar quyulib kelaverdi. Ma’nolar sultoni ham oʻlarkan-da, deyman yonoqlarimni kaftimning orqasi bilan tez-tez artib. Xuddi oddiy odamlar kabi, a! Ishonmaysan kishi...

Ul zoti sharif men yoʻl olgan yurtda yashab oʻtdi. Mana, endi oʻlim haq kelib, bu dunyoi bebaqoni tashlabgina ketdi. Hamma qatori. Shunisi alam qiladi-da, nahot hamma qatori boʻlsa?!..

Ajab, ketib boryapmanu oʻylayman: nega piyodaman? Nima, ulov yoʻqmi yoki unga chiqish istagi? Hech qursa, qadim zamonlarning ot-aravasi boʻlsayam mayliydi. Lekin atrofimda naqliya bormi-yoʻqmi, deya qaranmayman, bunga negadir qiziqmayman ham. Yoʻqsa, yalang oyoqlarimga tikanlar kirib, toshlar tegib achishib beryapti. Shundayam, ulov haqida negadir bosh qotirmayman. Koʻp oʻtmay tovonlarim ham yorilib, qonablar ketdi. Botinimga azmoyish-la sarsor solsam, safar zahmatlarining bari negadir meni toʻppa-toʻgʻri ustoz tomon yoʻllayotgandek tuyuldi. Ajab, koʻp ajab...

Ancha yoʻl bosib, gʻaroyib chorrahaga duch kelib qoldim. Chorrahadan yoʻllar dunyoning toʻrtta tomoniga uloqqan ekan. Endi qaysi tomonga yuz buraman? – degan salobatli savol qarshimda paydo boʻlgandi. (Savolni aylanib oʻtib boʻlmasdi: haybati naq Ulugʻ togʻcha bor, axir!) Bu yoʻllarning qaysi biri meni ustozim yashagan mamlakatga eltar ekan, a?.. Shu oʻyda turar ekanman, birdan koʻksimdan nimadir mumdek erib tushdi. Qarasam, u haligi haybati togʻ qadar savol ekan. Hali zamon u tashqarida edi, endi boʻlsa ichimda erib yotibdi... Buning sinoati ne ekan? – deb mushohada yuritib ulgurmayin hammasi ayon boʻldi-qoldi. Ajab, vo ajab, men qayoqqa ketyapman oʻzi? Nega bir paytning oʻzida hamma tomonga qarab yoʻl oldim? Bu qanday roʻy berdi? Insoniy mantiqqa koʻra mumkinmi oʻzi bu?.. Qarang, men ham kunchiqarga, ham kunbotarga hamda issiq, judayam issiq yurtga joʻnab boryapman!.. Shu asno ichimdan nido keldi: “Chunki kunchiqarda bugʻdoyranglilar, kunbotarda oq-sariqlar va nihoyat, issiq, judayam issiq yurtda qoratanlilar istiqomat qiladi-i-i-iii!..” Botinim titrab ketdi, ki ustozimning ovozini eshitgandek boʻldim... “Lekin u yoʻq, u oʻldi axir!..” – deya hayqiraman oʻzimga oʻzim.

Yashirmayman: qattiq choʻchib tushganimdan birpasda lablarim chetiga uchuqlar toshdi – qichishib achisha boshladi. Hayratimdan turgan oʻrnimda tarashadek qotdim. Nima qilishimni bilmasdim. Agar ustoz hayot boʻlganida bu gʻaroyiblikni bir zumda javoblagan boʻlardi, deyman ichimda. Boz ustiga, birgina misol bilan. Oddiygina ramz vositasida hamma chalkashliklarni bartaraf aylardi. Misol qidirib uzoqqa ham ketmasdi: turgan oʻrnida shundoq engashardi-yu, oyogʻi ostidan nimanidir, masalan, bir xasni koʻtarardi-da, undan kalit yasab, mening tangu murakkab holimdan bino boʻlgan sandiqni ochib yuborardi. Qarabsizki, hammasi kaftdagidek tushunarli boʻlardi-qolardi... Bilsangiz, shunday paytda hikmatning sehru jodusi hayotning oʻzidan-da jozibadoru ma’nodorroq boʻlib ketadi, ha...

Bu ne koʻrgulikki, endi ustoz yoʻq! Goʻyo osmon boshim uzra qulagandek, men esa yerning zarang bagʻriga qapishib ketgandek, qil ustida turgan ozurda jonim ham mana, hozir, shu lahza uziladigandek his qilaman oʻzimni... Endi nima boʻladi? Axir, u – ma’nolar sultoni abadiy ketdi? Endi ma’nosiz qanday yashash mumkin? Inson zotidan ma’noni ayirsa, nima qoladi oʻzi?.. Qiziq, oʻsha qolgan narsani inson deb atab boʻlarmikan?..

Birdan oʻzimni yolgʻiz his qilaman va bu his meni yerning tubiga qadar tortib ketadi... Beixtiyor yana hikmatga ehtiyoj sezaman. Ustoz yoʻq, undan qolgan bitiklar esa uyda qolib ketgan. Nima qilish kerak? Qaytsammi? Borib, u qoldirgan kitoblarni oʻqisamu oʻz holimni anglasam, soʻng yoʻlimda davom etsam-chi?.. Shunday deymanu lop etib xayolimga koʻhna bir rivoyat tushadi: tolibi ilm boʻlgan kishi olis bir yurtga ilmu irfon istab safarga chiqibdi. Koʻzlangan manzilga yetib kelib kitob toʻplabdi va eshakka ortib uyiga qaytibdi. Yoʻlda esa qaroqchiga duch kelibdi. Qaroqchi uning bor-budini shilib olibdi. Shunda tolibi ilm yigʻlab diydiyo aylabdi: aqchamu eshagimni olsang olu, lekin kitoblarimni qaytib ber, axir ular senga nimaga kerak? Men esa ularsiz hech kimman, xarob boʻlaman, shuncha umrim shamollarga sovrilib ketadi...

Shunda qaroqchi uning koʻzini moshdek ochib qoʻygich gapni aytibdi: qanday nodonsanki, ilmni aql va yuragingga joylamay, qayoqdagi eshakka ortibsan? Hozir-ku, men kitoblarni senga qaytib berarman, lekin yoʻlda tagʻin bir zoʻravonga yoʻliqsang, holing nima kechadi? U ham mendek rahmdil chiqarmikan?..

Tolibi ilm oʻz fojiasini tushunib yetib, mulzam bir ahvolda kelgan joyiga qaytib boribdi-da, zoʻr gʻayrat ila ilmni qalbiyu ongiga singdira boshlabdi...

E voh, shu tobda mening holim ham ana shu noshud talabanikiga oʻxshab qopti! Ustoz yoʻq – men yoʻq, uning bitiklari yoʻq – yana men yoʻq! Xoʻrligim kelib ketdi. Odam ham shunaqa pandavoqi boʻladimi?.. Shunday deb ortimga burildim, qarasam, u yer ham oldimdagi yoʻlga oʻxshab turibdi. Tavba dedim va tushundim: axir men bir paytning oʻzida ham magʻribga, ham mashriqqa harakatlanayotgan edim-da. Shunday ekan, ortimga qaytishning nima ma’nisi bor?.. Tuyqus xayolimga ustozning oʻgitlari keladi: biron nimasini yoʻqotgan kishi ham chap yonini, ham oʻng yonini, ham tepasiyu ham oyoq ostini – hamma-hamma yerni qidira boshlaydi. Agar qidirganini topsa, u hech qaerni izlamaydi, chunki murodi hosil boʻlgan hisoblanadi-da...

Yoʻl yurdim. Yuraverdim... Nihoyat, kattakon elning choʻng bir shahriga kelib qoldim. Markaz. Odam gavjum. Lekin menga e’tibor beradigan, iltifot koʻrsatadigan ahvolda emas edi izdihom. Har kim zoʻr bir tashvish changalida qolganga oʻxshar, musibatdan nes va garang boʻlib bir-birlariga yetim qoʻzilardek boqib saslanishardi. Nazarimda, ularni yigʻlayapti deb boʻlmasdi. Hatto aytish mumkinki, ichlaridan toshib kelayotgan faryodu dodni toʻxtatib, majburan kulishga, atrofga tabassum aylashga urinishayotganga oʻxshardi ular. Tavba, qiziq, juda qiziq. Yoki shunday amr boʻlganmikan? Va bu lojaram, kuchsiz jamoa amru istakni qoʻlidan kelgancha ado etishayotganmikan?.. Azani toʻy deb e’lon qilishga kimning jur’ati yetdi ekan?!..

Oʻzimni izdihomning ichiga uraman. Olisdanoq koʻrdimki, oʻrtada nimadir bor, bu nimadir bahaybat tobut boʻlib, hamma unga intilar, mayit bilan vidolashar, uni soʻnggi bor tavob etib qolishga oshiqar edi. Botinimdagi nedir bir tuygʻu aytardiki, bul zot mening ustozim edi!.. Hayhot, muborak poyingga yetib kelibman, hazratim!..

Hech kim menga e’tibor qilmayotgan boʻlsa ham, odamlar orasidan yorib borish oʻylaganimchalik mushkul kechmadi. Hamma yon berib meni oldinga, ustozimning qoshiga tezroq borishimga koʻmaklashayotgandek koʻrindi. Hayronu lol boʻlaman, lekin ildam yurib, odamlar guruhini oralab odimlashimdan qolmayman. Chunki bunday qilmasam, izdihomning oʻrtasidagi tobutga yetmogʻim dushvorligini bilaman. Uzoq yurdim. Shu darajadaki, goʻyo uyimdan chiqib bu yerga kelganim bir boʻldi-yu, mayitni soʻnggi yoʻlga kuzatishga chiqqanlarning orasidan tobutga yetib borishim bir boʻldi. Bilmasam, bu gapda andak mubolagʻa bordir. Ehtimol, makon masofasiga koʻra ikkalasi bir emasdir. Ammo zamon, chekilgan zahmatlar masofasi ham bor-ku! Shularga koʻra ikkalasi bir boʻldi, hatto keyingisi ortiqroqdek tuyuldi.

Bir mahal ustiga koʻk mato tashlangan ulkan tobutning yoniga keldim. Koʻz ochib yumgunimcha esa mayitning bosh tomonida koʻrdim oʻzimni. Xuddi tushdagidek edi holu ruhiyam. Yoki ertakka oʻxshardi bularning bari. Ammo bu na tush va na afsona, balki oriy haqiqat edi!

Bir qarashda menga mulozamat koʻrsatmayotgan, aslida esa maqsadimga erishmogʻimda yordamchi boʻlayotgan xaloyiqqa minnatdor boqdim: ajab, ular shu darajada turfa ediki, anchagacha ogʻzim ochilgancha angraydim. Kiyimlariga qarasang, boyu kambagʻal, baqqolu qassob, dehqonu chorvador... hammasi aralash-quralash, ranglariga qarasang, kimi oq, kimi qora, kimi bugʻdoyrang... Tavba deyman yana. Lekin nimaga kelganim yodimga tushadi va tezdagina parishon xayollarimni yigʻishtirib, marosimga uygʻun yoʻl tutaman: engashib, mayit ustiga yopilgan oq matoni asta ochaman! Ochamanu shoshib uni qayta yopaman: hayhot, bu kim?! Nega u ustozga oʻxshamaydi? Yoʻq, surati oʻxshaydi... lekin rangi... Nega uning rangi qop-qora, turqi naq zanjining oʻzginasi? Qaerga kelib qoldim men? Adashdimmi yo?..

Bir zum men ham nesu garangga aylanaman. Keyin koʻrganimga yana bir bor shohid boʻlmoq uchun matoni qayta ochib, diqqat bilan tikilaman: “Yoʻq, bu ustoz emas. Mayit shu yerda yashayotgan yurtning bir ulugʻi, zanji bir kishi ekan», degan qarorga kelaman.

Mening qanoatim shunday boʻldi va tez burilib izdihomdan chiqdim. Chiqa solib yana oʻng kelgan tarafga ravona boʻldim. Zero, qaysi tarafga borishimning ahamiyati yoʻq edi. Buni men sizga boshda aytgandim. Qay sori yoʻnalmay, tomonlarning bari meni manzilimga eltar edi... Har holda menga shunday tuyular edi...

Shundaymikan? Balki yanglishayotgandirman... Adashganimning dalili, mana, boshqa janozaga kelib qoldim-ku!..

Biroq ichimdagi avvalgi qanoat kuchliroq chiqdi. Men yoʻlimda davom etdim. Xato qilyapman degan fikrni xayolimdan butunlay haydab yubordim...

Yana yoʻl... yana xayollar... yana xotira... Hammasi ustozga eltadi!..

Tagʻin gʻaroyib bir el... chayqalayotgan ummon yangligʻ izdihom va uning oʻrtasida koʻm-koʻk bir kema... qoʻlma-qoʻl oʻtayotgani uchun xuddi suzib borayotgandek taassurot qoldiradi uzoqdan. Izdihom esa kemaning ortidan ergashadi...

Men ularning safiga kelib qoʻshildim. Bir ahvolda edim. “Nahotki, diydor oxiratga qoldi, ustoz!?..» Musibatning zoʻridan oyoqlarim chalkashib ketadi. Oqim shiddati meni oldinga olib chiqdi va men beixtiyor gandiraklab borib yelkamni tobutga berdim. Shunda men tobutni emas, tobut meni tutib qoldi. Yoʻqsa, minglab oyoqlar ostiga yuztuban yiqilardim. Vallohi! Keyin nima boʻlishini tasavvur qilish qiyin emas. Oʻz dardi bahriga gʻarq boʻlgan tumonat xaloyiqning poyidan omon chiqmoq osonmi?..

Nihoyat, qabristonga kelinib, tobut yerga qoʻyildi. Shunda men ohista yurib tobutga yaqinlashdim va xuddi oʻtgan galdagidek, mayit yuzidagi matoni koʻtarib boqdim: yo tangrim, oʻzi nimalar boʻlyapti? Kim – bu yotgan? Nega uning tanasi, qoshu koʻzi, soch-soqoli sap-sariq? Ustozim emas-ku! Qaysi yurtga kelib qoldim men bu safar?..

Mozorni tark etib, yana boshim oqqan yoqqa yoʻnaldim...

Bir mahal qarasam, navbatdagi yurtga qadam qoʻyibman. Tavba deyman oʻzimcha, axir ustozim bitta, tayinli yurtda vafot etmaganmidi? Nega men turfa-turfa mamlakatlarga kelib qolyapman?..

Endi shahar ham, uning markazida toʻplangan izdihom ham meni ajablantirmay qoʻygandi. Bu yerda ham oʻsha manzara menga muntazir turardi. Boshqa nimayam qilardim, kelib oʻzimni davraga berdim. Bora solib hamma tavob qilayotgan mayitning yuzini shosha-pisha ochdim: yotgan kishi nihoyatda tanish chehrali, bugʻdoyrang, xullas, oʻzimizga oʻxshagan bir odam!..

Ajablanmadim, matoni eran-qaran yopdimu oradan sirgʻalib chiqdim. E voh, endi qayga boraman? Qani mening ustozim? Tushib qolgan holimga qarang: qani avvalgi qanoatim, gʻururim, sobitligim?.. Ogʻzi kuygan odam men edim bu gal... Ogʻzi deymiz, balki murodi sob boʻlgan, afsurda, abgor kishiga aylangandim... Na iloj, qoʻldan kelganini qildim. Lekin natija hech boʻldi. Oʻzingiz koʻrdingiz-ku hammasini. Qay yerga borsam ham ustozim qolib, oʻzgalarga roʻbaroʻ qilaverdi qismat. Toʻgʻri, tobutda yotganlarning qiyofalaridagi qay bir chiziqlar ustoznikiga oʻxshar edi... Oʻxshar edi-yu, ammo aynan uning oʻzi emasdi-da. Buning siriga yetolmadim men va qattiq charchaganimni his qildim...

Endi botinimga shubha oʻrlagandi. Axir, qaydadir meni manzilga eltadigan bitta yoʻl boʻlsa-chi?!.. Men boʻlsam, duch kelgan tomonga toʻshimni urib, mazgilga doriyman deb behuda chirandim, chogʻi...

Yura-yura, keza-keza, turli-tuman yoʻllar kesishgan huv anavi chorrahadan chiqib qoldim. Alanglab, chor tomonga boqdim: endi qaysi yoʻldan borsam ekan? Dunyoning toʻrt tomoniga uloqqan yoʻllarning qay biri meni ustozimning qoshiga xatosiz olib borar ekan?.. Ha, endi men bitta yoʻlni, oʻzimning yoʻlimni qidira boshlagandim...

Shu turgancha ancha vaqt qolib ketdim. Kutar ekanman, avval kunlar, oylar, keyin yillar va asrlar oʻtganini his qildim. Buni men chorraha markazida turib olgancha, toʻrtta koʻchadan chor tomonga tinimsiz ravishda oʻtib turgan odamlardan, ularning qiyofalaridan, mingan turfa ulovlaridan, qulogʻimga chalinib turgan turli lahjalardagi gap-soʻzlaridan bilar edim. Davrlar ham ketma-ket almasha boshladi, tavba!..

Lekin nega men qarimayapman? Nega anavi tugʻilib-oʻlayotgan millionlab odamlar kabi bu dunyo bilan vidolashib ketmayapman? – degan savollar xayolimni sira tark etmasdi. Ayni damda “oʻlishim mumkin emas, oʻlsam, bu sarguzashtning taqdiri, oxir-oqibati nima boʻladi, axir hammasining negizida men borman-ku?» – degan tasalli ham gʻimirlardi qaydadir. Yana shuni bilardimki, ustozni albatta topishim, u bilan soʻnggi bor koʻrishishim, yuziga boqishim va uni toabad yodlab olishim shart edi. Xoʻsh, nima uchun deysizmi? Tan olay: buning javobini bilmasdim...

Olamning hamma tarafiga eltuvchi yoʻllarga tikilaverib koʻzlarim ogʻrib, shafaqlanib ketdi. Damo-dam artaman, tupigim bilan silab-siypayman, qayoqda? Allabir zamonda anglab qoldimki, bu tarzda men oʻlaqolsam maqsad-muddaoyimga yetolmayman. Shunda... shunda ichki bir hissiyotga boʻysunib, kasallangan koʻzlarimni yumdim, ya’ni ularning xizmatidan voz kechdim, butunlay, tamomila! Shu koʻyi, qoboqlarimni chirt yumgan holda chorrahaning oʻrtasida turgan koʻyi koʻkka yuzlandim va beixtiyor tarzda ikkala qoʻlimni parvozga shaylanayotgan qush misol havoga koʻtardim, soʻng ularning biri oʻz-oʻzidan osmonu falakka, boshqasi esa zaminga boqdi, boshim ham oʻng tomonga xiyol egildi-da, tuyqus aylana boshladim. Avvaliga gavdam aylandi, keyin boshim... undan keyin esa his qildimki, mening atrofimda olam aylandi, eshityapsizmi, olam!.. Olamning barcha yoʻllari menga kelib bogʻlanayotgan va mendan boshlanayotgan edi!.. Koʻp oʻtmay, bu his meni olam bilan bir butun ayladi, men olamga doʻndim, olam boʻldim va angladimki, qidirganim olamda bor boʻlsa, demak, u menda ham mavjud...

Gir aylanib turarkanman, yumilgan qoboqlarim ichra nur paydo boʻldi va men yana koʻra boshladim. Dastlab, huv anavi bulutlarni koʻrib qoldim. Togʻning boshiga roʻmol yangligʻ tashlangan oppoq bulutlar bor-ku, oʻshalarni. Faqat endi ular boshqa qiyofada koʻrinishdi. Aylanib turganim bois, qanday qiyofa ekanligini birdaniga farqlayolmadim. Lekin sekin-asta bulutlar pastroq enib, menga yaqin kelishganda, bildimki, ular koʻzguni yodga solarkan. Men esa hamon chir aylanib turardim. Shu payt huuuv oʻsha togʻning roʻmoli yechilgan boshida quyosh balqdi. Uning zarrin nurlari bulutlar koʻzgusi yuzini yoritib yubordi va unda mening aylanib turgan aksim namoyon boʻldi. Bir aylandim, ikki aylandim, uch, toʻrt... Bilmadim, nechanchisi edi, birdan koʻzgudagi mening yuzim oq, qora va bugʻdoyrang tuslarga kirib chiqa boshladi. Hayhot! Bu qanday sehr? Bir aylanganimda oʻsha... tobutda yotgan qora odam – zanjining qiyofasida namoyon boʻldim, keyingisida esa oq-sariq odam suvratiga kirdim, navbatdagisida esa issiq yuzli, bugʻdoyrang inson koʻz oldimda gavdalandi. Nihoyat, ularning bari qoʻshilib-chatishib, roʻbaroʻmda ustoz qad rostladi!

Ustoz!!!
Eshityapsizmi?!
U tirik ekan!!
Va u menga qarab mayin jilmaygancha shivirladi:

Narsa yoʻqki, xoriji olam erur,
Har ne istarsen, oʻzingda jam erur.

“Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 2-sonidan olindi.