OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiMusulmon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Musulmon (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

«
Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagʻay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron boʻlsa obod aylagʻay.

Alisher Navoiy
»

Koʻklam keldi-yu hovlidan bir qushcha ketmas boʻldi. Avvallari e’tibor qilmagan ekanmi, Husan endi uni kunda koʻradi: qushcha goh u, goh bu daraxtga qoʻnib oladi. Gullash paytida esa boshiga oq roʻmol tashlagan oʻrikdan negadir ayrilmay qoldi. Boʻshadi, deguncha deraza qarshisida mixlanganday oʻtirib uzun-uzun xayollar suradigan sherigini Hasan oʻngʻay har fursatda bir yanib oladi. Hozir ham shunday boʻldi: «Hm-m, tagʻin qoʻzgʻadimi darding? Undan koʻra majlisni oʻylamaysanmi? Shayx Ahmad Junayd hazratlari bilan uchrashuv hayotingda burilish yasashi mumkin, Husan! Hoy, kimga gapiryapman men? Devordan farqing yoʻgʻ-a!.. – deya jirilladi u. Lekin muhatobining parvosiz oʻtirgani badtar jahlini chiqardi. – Qoʻy-e, goʻyo jannatga yoʻllanmasi naqd odamdek tutasan oʻzingni?..»

Husan bunday gaplarga koʻp-da e’tibor bermaydi. Ammo ilgari haq talashardi – eslaydi. Bir kun qattiq tortishib ham qolishgandi. Oʻshanda aka-uka nafl namozi uchun tahorat olishga chogʻlanib turishganda qoʻshnining bolasi chiqib, qandaydir yumushga bir zumlik yordam soʻragandi. Husan shu ketgancha kech qaytgandi. «Avval ibodat, keyin madad», degandi Hasan qofiyasini kelishtirib. Husan ham nedir javob aytgandi, oʻrtada jiddiy bahs chiqib, joʻjaxoʻrozlardek toza jigʻillashib qolishgandi oʻshanda.

– Mutaassib boʻlma, islom – bagʻri keng din. Hatto sigʻinib oʻtirgan vaqtingda yon-veringda chayon koʻrib qolsang, oldin otiyomonni daf qilib, soʻng namozga qaytishingga izn beradi u, – degandi Husan qizishib.

– Toʻgʻri-yu, – javob qaytargandi Hasan, – lekin bunday gaplar koʻpincha farzlarni mukammal ado etishga erinadiganlarning bahonasi boʻladi. – Soʻng u Qur’oni karimni olib, Husanning arabchani oʻzidan tuzukroq bilishiga qaramay, soʻzma-soʻz oʻqib, hijjalab tarjima qilgan, buyam yetmay sharhlashga oʻtgan, chahoryorlaru sahobalar hayotidan misollar keltirib uqtirgan edi.

Husan ham qarab oʻtirmay, oʻz tavrining himoyasiga avliyolar hikmatlaridan dalillar aytib, muqaddas kalomni har kim oʻz dunyoqarashiga yarasha tushunadi, butun yer yuzida iymoni bir xil kuchga ega ikki musulmonni topolmaysan, u kimda quvvatli, kimda zaif boʻladi, nega sen boshqalarning amalini oʻz qariching bilan oʻlchamoqchi boʻlaverasan, Hasan? – deya boʻgʻilgandi.

Goho esa mana shunaqa munozaralar choʻzilib ketar va Husanning yuragi xunolud tortib, tashqariga chiqar, hovlidagi daraxtlar ostida soatlarcha kezinib, ba’zan ularga dardini aytib hovuridan tushardi. Keyin... keyin u ana oʻsha qushchaga duch kelib qoldi!.. Duch keldi-yu, negadir Hasan bilan munoqasha qilishni istamay qoʻydi, ajab. Hatto u Hasanga: «Kechir men lodonni, bilmay talashib yurgan ekanman, doʻppini olib oʻylab koʻrsam, hujjatning bari sen tomonda ekan», dediki, bu iqror jigargoʻshasini koʻp toʻlqinlantirdi, kelib Husanni quchdi, «iymoningga hamisha mana shunday sohib chiq!», dedi koʻzlari namlanib. Soʻng ular orasida vulqondek otilib turadigan olovli mubohasalar goʻyo tindi, Husan din borasida Hasan aytganga koʻndi. Koʻndi-yu, buni qarangki, oʻzgarmadi: avval qanday boʻlsa, shundayligicha qoldi. Hasan chizgan yoʻldan yursa ham oʻz koʻnglicha yashayverdi. Qiziq-a?..

* * *

Qushcha ba’zan novdada jimgina oʻtirardi. Shunda chappor urib gullagan oʻrik daraxti bahaybat quchogʻi bilan uni goʻyo yashirib olardi. Lekin qushcha har doim ham bir joyda tek turmay, pirillab uchib qolar, shu bois Husan uni tamosha qilishga koʻp-da ilhaq boʻlmasdi. Hozir ham lip etib bir shoxdan boshqasiga oʻtdi-yu, koʻrinish berdi. Husan uni koʻzlari bilan tutvoldi. Keyin qochirib yubormaslikka tirishganidan butun vujudi koʻzga aylandi. Qushcha oʻtirgan oʻrnida xushxon ovoz bilan sayray boshlaganda esa borligʻi quloqqa doʻndi. Qushcha berilib, atrofni unutgancha yayrab-yayrab xonish qilardi. Bunga sayin Husanning zavqi oshar, oʻtirgan oʻrnida tashqaridan toshdek qotganga oʻxshasa ham ichkarida mumdek erirdi. Kuylay-kuylay qushcha, nihoyat, tin oldi, bejirim boshchasini u yoq-bu yoqqa tez-tez qaratdi, shunda Husan oʻynab turgan, qop-qora hurkak koʻzlarini koʻrib qoldi. Nazaricha, qushchaning koʻzi ham oʻziga tushdi. Tushdiki, yana pir etib daraxtning narigi – koʻzdan yiroqroq tomoniga qochib ketdi. Husan endi qushchani koʻrmas boʻldi. Ammo koʻp kuttirmay qushcha yana sohir ovozda xonish qila boshladi...

– Tur-e, qanaqa odamsan oʻzi? Hayotni derazaga qarab sob qilasan-ku bunaqada? – jerkidi Hasan qoʻlida kitob bilan tashqariga – daraxtlar ostiga chiqib ketarkan. – Qachon majlisni oʻylaysan? Unaqa-bunaqamas, naq arabistonlik shayx hazratlari qatnashadigan yi¬gʻin boʻlsa! Hey, oʻzimizni koʻrsatsak bormi, xorijga ketish yoʻllanmasi naq choʻntagimizda deyaver.

Shu choq Hasanning qoʻl telefoni jiringlab qoldi va soʻylashgancha nari ketdi. Soʻng birpas oʻtib ma’yus bir qiyofada qaytib keldi.

– Otam betob emish.

Husanning diqqati boʻlindi:

– Nima?..

– Qulogʻing tom bitganmi, otam yotib qopti deyapman, – tutaqdi Hasan, – garang!..

– Voy, – dedi kapalagi uchib Husanning, turib sherigi qoshiga kelarkan. – Jiddiy emaskanmi, ishqilib?

– Bilmadim... Nima qildik, Husan? Bu yoqda maj¬lis...

– Nimalar deyapsan, Hasan?.. Boramiz!..

* * *

Ertasi saharmardonda egizaklar yelkalariga yengil xaltalar osib, olis viloyatga otlanishdi. Uydan chiqisharkan, Husanning e’tiborini bir emas, kamida ikki qushning munis, dilpazir xonishlari tortdi. Bir lahza toʻxtab alangladi. Chindanam, daraxt shoxida bir-biriga quyib qoʻygandek oʻxshash ikki qushcha paydo boʻlgandi. Qay biri hamishagi qushcha-yu, qaysisi mehmon – bilib boʻlmasdi.

– Qara, Hasan, qushchalar ham bir juft boʻp qopti, egizak deysan, – hayrati oshdi Husanning.

– Ke, Husan, ertalabdan asabga tegmagin, yoʻlimiz uzoq... – sherigi yonidan shitob bilan oʻtarkan, tan¬behladi Hasan...

* * *

Yarim soat oʻtar-oʻtmas, tugʻishganlar taksiga oʻti¬rishdi-yu, ota yurtlariga joʻnab ketishdi. Taxminan uch soatlardan keyin esa ular mingan mashina yoʻl chetidagi chogʻroq kafe qarshisida toʻxtadi.

– Ovqatlanamizmi? – Haydovchi hammadan burun kabobchiga qarab yoʻrgʻaladi. Ortidan er-xotin yoʻlovchilar ergashdi, sizlar-chi, degandek bularga im qoqib qoʻyishdi. «Ishtaham yoʻq», dedi Husan. «Yur, namoz oʻqib kelamiz», deya eshikni ochdi Hasan.

Ular kelib tushgan joy bagʻoyat xushmanzara ekan. Togʻ yon bagʻri ayniqsa latofatli, yonginalarida sharqirab soy oqayapti, boʻylari unchalik baland boʻlmagan daraxtlar, oddiy tolmi yo majnuntol – birdaniga ajratish qiyin... Shu daraxtlar ostidayam zilol suv oqib yotibdi. Husan ariq labiga choʻkkalab, yuziga suv urgan edi, seskanib ketdi.

– Oh, muzdek!..

– Togʻniki-da, – hamdamining shundoq biqiniga kelib tiz bukdi Hasan. – Tahorating bormi?

– Borlikka bor, lekin uyga yaqin qoldik, bemalol¬roq oʻsha yerda oʻqirdik...

– Vaqtida oʻqish kerak. Qoidani besh qoʻldek bilasanu amalga kelganda taysallaysan-a, Husan. Kecha sen bormagan amrima’rufda yaxshi gap aytishdi, – dedi Hasan qoʻllarini kichik sochiq bilan yaxshilab artarkan. – Bir yoʻlovchi aeroportda namoz oʻqib qolib reysidan kechikibdi. Saldan keyin esa oʻsha samolyot halokatga uchrab, bitta ham tirik jon qolmagani haqida xabar kelibdi. Qara, namoz qutqaribdi uni...

– Bunday misollar bilan namozni sharaflashga urinmaslik kerak, – qizishdi Husan, tortishmayman degan qarorini bir lahza unutib. – Samolyotda ehtimol savobi koʻproq, qalbi pokroq insonlar ham boʻlgan boʻlishi mumkin-ku. Yoki norasida, begunoh goʻdaklarga nima deysan?.. Bu – qismat, peshonaga yozilgan yoziq. Namozning ahamiyatini bu tarzda boʻrttirib koʻrsataman dema, Hasan... Istasang, men ham senga shunga oʻxshash bir hikoya aytib beray, – joynamozni yerga toʻshab Hasanga yuzlandi Husan. – Bir ishbilarmon yigit xorijga ketadigan boʻp qopti-yu, uyda yolgʻiz qolayotgan onasi zorlanibdi: “Negadir yuragim gʻash, bolam, shu galcha bormasang devdim...” Oʻgʻil bir ishi, bir onasining gapini oʻylab, axiyri ketishga qaror qilib, aeroportga joʻnabdi. Lekin ulgurmabdi: uchoqqa oʻtqazish yakunlanib, eshiklar yopilgani uchun chor-nochor uyga qaytib, oʻz xonasiga kirib yotib olibdi. Ona berigi xonada televizor koʻrib oʻtirgan ekan, “Xabar”larda oʻgʻli kechikkan samolyotning havoda portlab ketgani toʻgʻrisida aytib qolishibdi.

Onaizor hayajon bilan qoʻshni xonaga – oʻgʻlining qoshiga chopibdi.

– Qara, bolam, aytmabmidim koʻnglim gʻash deb, sening samolyoting... – Onaning gaplari boʻgʻzida qotibdi: ne koʻz bilan koʻrsinki, navqiron yigitning joni chiqib, polda sulayib yotgan ekan... Hasan, hamma gap taqdiri azalda. Odamning qazosi yetgan boʻlsa, osmondami, yerdami, farqi yoʻq... Oʻsha namozxonning tirik qolishining siri namozda emas, lavhi mahfuzda yashirin.

– Koʻchadagi iymonsizning gapini gapirma, Husan! – achchiqlandi Hasan. – Kim aytadi seni Islom universiteti tolibi deb? Dunyoda hech bir narsa bejiz sodir boʻlmaydi. Oʻsha namozxonning joni faqat ibodat tufayligina tirik qolgani kundek ravshan-ku! Hammasi ochiq-oshkor boʻlib turgandayam iymon keltirmay, dalil koʻrsat, deb paygʻambarimizga tixirlik qilgan mushrik¬larga oʻxshama!..

– Olloh asrasin de, Hasan! – Husan boshqa e’tiroz bildirmay joynamozga borib turdi.

– Nauzubilloh, ukajon, nauzubilloh, – deya pichirladi Hasan.

* * *

Ibodat paytida tuyqus tepalarida vijir-vijir boshlanib qoldi. Diqqati boʻlingan Husan shivirlab aytayotgani oyatlar tiliga kelmay tutildi. Namoz bitishi bilan u oʻtirgan koʻyi boshini burib qushchalarni qidirishga tushdi.

– Bu ketishda yo aqldan ozasan yo yana bir baloning oʻqiga yoʻliqasan, noshud! – deya poʻngʻilladi Hasan, joynamozlarni yigʻishtirib olarkan. – Har kuni besh marta takrorlaydigan oyatlarniyam esidan chiqaradimi odam! Xayoling qaerda oʻzi? Shayx Ahmad Junayd nima deydi, eslaysanmi? Farzlarni ado etishda eng kichkina xato ham iymon ustunini liqillatib qoʻyarkan. Sen boʻlsa...

Hasan ortiq gapirmadi. Husanning parishonligidan qattiq ranjiganidan odaticha, bor-e, ma’nosida qoʻl siltab nari ketdi.

Hasanning sovuq sulukotiga Husan parvo qilmadi; uning fikru zikri qushlarga bogʻlangandi. Lekin berilib izlasa-da, parrandalar koʻziga darrov ilina qolmadi. Keyin daraxtdan andak uzoqlab boqdi. Hayriyat, shu yerda ekanlar: qushchalar inja tumshuqlari bilan bir-birlarining boshu boʻyinlarini yengil choʻqishar va yana allaqanday tovush chiqarib orolanishar edi.

– Yana nima boʻldi? Ba’zan ja-a oshirvorasan-da, – oʻsmoqchiladi olisdan buni kuzatib turgan Hasan.

– Bu yoqqa ke, Hasan!.. – deya shoshib, hayajon bilan gapirdi Husan. – Anavilarga qaragin, ertalab Toshkentda koʻrmovdikmi?..

– Be-e! Nimalar deyapsan?

Hasan qiyo ham boqmay mashinaga kirib oʻtirib oldi. Husan esa qushchalarga yaqin bordi.

– Nimalar deb gʻujurlashyapti ekan bular, – xayolidan kechdi, – qani endi jivildoq tillarini bilsam. Bormikan oʻzi shundaylar? Sulaymon paygʻambarni bilgan, deb aytadi kitoblar. Maza boʻlsa kerak qush tilini bilish...

Keyin esa lop etib yodiga darrandayu parranda tiliga ishqiboz boʻp qolgan shoʻrlik inson qismati haqidagi rivoyat tushdi. Unga koʻra, ishqiboz paygʻambarning oldiga kelib, Olloh taolodan menga ham hayvonotu nabotot tilini tushunish uquvini soʻrab bergin, deydi. Paygʻambar uni harchand bu yoʻldan qaytarishga urinmasin, qaysarlik qilib, aytganida turib oladi. Nihoyat, orzusiga erishgan gardankash uyiga kelsa, mushugi va itining oʻzaro suhbatini eshitib-tushunib qoladi. Mushuk itga “xoʻjayinning tovugʻi kasal, yaqinda oʻladi, sen bilan biz goʻshtini yeb, bir kun maza qilamiz” deyayotgan ekan. Gardankash ishqiboz darrov tadbir olib, tovuqni bozorga eltib pullab keladi. Oradan vaqt oʻtib yana oʻshanday suhbat qulogʻiga chalinadi: “Xoʻjayinning sigiri kasal, yaqinda oʻladi va sen bilan biz bir oy maishat qilamiz”. Ishqiboz zudlik bilan sigirni sotib daf qiladi. Lekin asl balo oldinda ekan: kunlardan bir kun u favqulodda gʻalati mubohasa ustidan chiqadi: “Sabr qil, bu safar xoʻjayinning oʻzi betob, yaqinda oʻladi va biz bir yil bazmu jamshid qilamiz”. Gardankash nima qilishini bilmay paygʻambar huzuriga takror yoʻrgʻalaydi. Allohning elchisidan: “Kichik sinovlar kelganda boʻyin tovlamay, sabr qilish kerak edi, endi senga yordam berishning iloji yoʻq”, degan javobni olgach, dunyo koʻziga qorongʻi boʻlib oʻzini yoʻqotadi. Koʻp oʻtmay ishqiboz olamdan oʻtadi-yu, uning ma’rakalarida mushuk va it ogʻzini moylaydi...

– Inson bolasining ba’zi narsalardan gʻofil yurgani tuzuk ekan. Ruh haqida bizlarga judayam oz bilim berilganligida ham shunday bir hikmat yashiringan boʻlsa, ajabmas, – dedi Husan oʻz-oʻziga pichirlab. Keyin xayolini qushlarning quvnoq ovozlari oldi. – Nega ular biz bilan yoʻlga chiqdi ekan? Nomi nimaykin bularning, qaldirgʻoch boʻlib qaldirgʻochmas, bulbul boʻlib bulbul. Bir aftlari momosovgʻaga oʻxshaydi, boshqa tarafdan toʻrgʻayni yodga soladi. Beozor musichayu qumridan ham nimadir bordek. Lekin, ajab, hech biri emas. Hammasiga oʻxshasayam baribir boshqa qush bular! – Husanning taajjubi ortgandan ortdi. – Muncha choroyli boʻlishmasa, gʻujurlarida qanday ma’no bor? Bizni tark etmay ta’qib etayotganlarida-chi?!..

* * *

Koʻp oʻtmay egizaklar manzilga yetib kelishdi. Otalari uyda yotgan ekan, doʻxtirlar aytishicha, qon bosimi oʻynabdi. “Yoshi bir joyga borib qolsayam tinchimaydi, ketmon koʻtarib hali tomorqaga, hali boqqa joʻnab qoladi, mol-holgayam oʻzi qarasa-da”, koyinadi qoʻrqib ketgan onalari. “Ha, endi boshqacha yasholmasam, mehnatsiz turolmasam nima qilay”, deydi oʻzini oqlab otalari.

Tarovatli koʻklam emasmi, hayhotdek hovli-bogʻda chugʻurlashgan murgʻlarning xilini sanab adoq qilolmaysan, kishi. Otasi sogʻligʻidan koʻngli toʻlgan Husan bogʻ aylanib yurishni odat qildi. “Ha, nimani yoʻqotding daraxtlarda?” – deb qoʻyardi Hasan unga koʻzi tushgan kezlari. Lekin u parvo qilmas, oʻsha antiqa juftlikni ixlos bilan qidirardi. “Bogʻ toʻla qush boʻlsayam menikilar hech qaysisiga oʻxshamaydi, kelgan boʻlsalar, albatta topaman”, deb oʻylardi u. Aytganidek, najib qushchalar etakdagi ertagullar bodomning xiyol egilgan novdasida yonma-yon oʻtirishib olgancha bir-biridan oʻzib nola qilishar, maxmurlanishardi. Husan daraxtga yovuq keldi, lekin parrandalarni choʻchitib yubormaslik uchun masofa saqlab toʻxtadi. Bir pas shu koʻyi qotdi-yu, oyoq ostiga qarab oʻtirgani joy izladi. Toʻnka bor ekan, yaxshilab joylashib olgach, qulogʻini ding qildi. Hovlida turli ovozlar oʻziga xos tarona hosil qilgandi. Buni Husan ancha muddat oʻtgachgina tuydi. Ha, avval-boshda tartibsiz eshitilgan tovushlar tinglay bergani sayin hayratangiz yoʻsinga tushdi-qoldi. Tavba, dedi boshini ma’nodor tebratib, soʻng oʻz qushchalarining tavallosiga e’tibor qildiki, ushbu ulugʻvor musiqiy uygʻunlik aro ularning ham alohida oʻrni boʻlishini juda-juda istardi. Sir birdaniga yuz ochmadi, balki asta-asta qalbida ayon boʻla bordi. U shundan iborat ediki, bir juft qushning sehrli xonishlari hovlini tutib ketgan ajabtovur taronani boshqarib, yoʻnaltirib turardi. Kutilmaganda ular sukutga tolishdi va bogʻda yangrayotgan umumiy qoʻshiq chok-chokidan soʻkilib, parokandalikka yuz tutdi. Xuddi shuni bilgandek qushchalar yana tashabbusni qoʻlga olib, bir maromda mayin kuylay boshladilar... Husanning qalbida yoqimli bir farogʻat va yana allaqanday rizvoniy saodat tuygʻulari qorishib, ulkan, yaxlit mazmunga aylandi...

* * *

Haytovur, ikki-uch kun ichida bemor ahvoli yaxshilanib, xeshu taborning yuzi kuldi. Tahsillaridan qolmasin, deya ota Hasan-Husanni yoniga chaqirib, hamishagidek tilak bildirdi: bolalar, hayotda qutqular koʻp boʻladi, iymonlaringga mahkam boʻlinglar!.. – Soʻng birin-ketin palaponlarining peshonasidan oʻpib xoʻshlashdi...

Aka-ukalar ota uyidan chiqishib, poytaxtga qatnaydigan ulovga oʻtirishdi va choshgoh boʻlmay dovonga dorishdi.

– Togʻliklar nonidan olvolaylik, shaharda soʻraganlar koʻp, – taklif qip qoldi Husan.

Mashinadan hamma tushdi, faqat Husan negadir non sotiladigan uzun rasta emas, nariroqda gʻuj oʻsgan tollar sari yurdi.

– Hoy, non bu yoqda!.. – qichqirdi Hasan.

– Hozir kelaman, sen tanlab tur. – Husanning ikki koʻzi tol shoxlarida yugurib qoldi. – Qani ular? – der edi dili. Negadir qushchalar yoʻq edi va bu hol Husan dilida koʻkargan umid daraxti ildiziga bolta urdi. – Namuncha ularga oʻrganib qoldim? – oʻzidan oʻpkalay ketdi soʻng. – Qush – parranda, men esa odam naslidan boʻlsam, qaerdan paydo boʻldi bu koʻrinmas rishta? Nega oʻzimni u bilan baxtli his qila boshladim, nega usiz yashagim kelmay qoldi?.. – Husan bu yoqda ana shunday xayolga choʻmib, gir aylanib turganda, u yoqda Hasan non, turshak va qurut xarid qilib, mashina yukxonasiga joylab ham boʻldi.

– Husan!..

Husan qidirganini topolmay, noiloj mashina tomon qaytdi va eshikni ochar asnosi, naq boshi ustida chugʻur-chugʻur yangradi-yu, qiziqsinib koʻkka boqdi: –Marhamatingdan oʻrgilay, Xudoyim, – xayolidan oʻtdi, soʻng shirin bir entikdi. Qushchalar oʻz tilida nimalarnidir soʻylashgancha havoda charx urardi...

* * *

Tahorat olib hovlidan qaytayotgan Hasan javradi:

– Jumadan kech qolamiz, qanaqa gap uqmas merovsan? Namozdan keyin majlisga borishimiz kerak, unutdingmi?

– Hozir, mana... – Husan poygakdagi obdastani qoʻliga ilgancha chopib tahoratxonaga oʻtib ketdi.

Xiyol oʻtib egizaklar yoʻl boshidagi masjid tomon odimlashdi. Shu on oʻrik shoxidagi kunda-shundalar sayrashni bas qilgancha koʻkka talpinishdi.

Hasan-Husanlar jadal borisharkan, yoʻl chetidagi bozor darvozasi oldida bir toʻda yosh-yalangning toʻplanib olib, yoshi qaytganroq kishini doʻpposlayotgani ustidan chiqib qolishdi.

– Iya, Hasan, anavilarga qara, – Husan yoʻlni shu yoqqa oldi.

– Husan, esing joyidami? Ular bir toʻda ekan, – norozi boʻlib toʻngʻilladi Hasan. Lekin Husanni yakka tashlab ketmadi, ergashdi.

– Hoy-hoy, bu nima qilganlaring, uyalmaysizlarmi? – ham yugurar, ham xitob qilardi Husan. Oʻzlari tomon oshigʻich kelayotgan ikkita dovongir yigitni koʻrgan bezorilar tiraqaylab qochib qolishdi-yu, jabrdiyda bebiliska qutildi.

– Yur endi, – Husanning yengidan tortdi Hasan, – ish oson koʻchdi.

– Shoshma birpas, – Husan tuproqqa belanib yotgan mazlumning yelkasidan tutib tiklamoqqa urindi.

– Qoch nari!.. – xaloskorini siltab tashladi mazlum. Keyin turaman dedi-yu, munkib, yuzi bilan tuproqqa surinib ketdi. Atrofga aroq, qoʻlansaga aylanib ketgan ter hidi va yana allaqanday chirkin, achiqimtir boʻy anqidi.

– Tfuu! – deya burnini jiyirdi Hasan. – Ketdik, koʻrmayapsanmi, iymonini boy bergan odam ekan bu!

– Doʻstim, – deya yalinmoqqa tushdi boyagi odam, endi butunlay boshqa qiyofaga kirib, – uch-toʻrt soʻm berib turolasizmi... iltimos... – ozgʻin, kir-chir va titroq qoʻlini choʻzdi.

– Berma!.. Bersang, ichadi... – ogohlantirdi nari borvolgan Hasan.

Husan ikkilanib qoldi: bersammi-ber¬masam¬mi?..

Darhaqiqat, qanday yoʻl tutsa, toʻgʻri boʻladi-a? Oʻylab koʻrsa, bunday vaziyatlar uchun tayyor javobi yoʻq ekan. Koʻngliga quloq tutsa, “ber, ber” degan maylni tuydi va choʻntagidan shartta pul chiqarib, ochilgan qoʻlga tutqazdi.

– Ahmoq!.. – dedi Hasan, – Gunohiga sherik boʻlding-ku!..

Husan boshini egib olgancha indamay ildamlab ketdi...

* * *

Jome’ masjidida va’z eshitaman deb, turli mav¬zelardan erinmay keladigan shunchalar serobki, andak hayallasangiz, oʻtirgani bir qarich joy topolmaysiz. Hasanning yonib-kuyib, Husanni shoshirib-qistashlari, aslida, shundan. Hozir ham old qatorga oshiqishib, toʻrtinchi safdan arang joy olishdi, shular bilan deyarli bir paytda kirib kelgan choʻqqi¬soqol yoshulli egizaklar oʻrtasiga tushib qoldi. Ham¬malari indamay oʻtirishdi-da, butun vujudlari quloqqa aylanib tinglay boshlashdi...

Imom shirador, vazmin ovozda namoz toʻgʻrisida bir tekis gapirar edi: Birodarlar, hamisha yodda tutmogʻimiz kerakki, namoz dinning ustunidir. Ustun boʻlmasa nima boʻladi? Imorat qulaydimi?.. Hech qanday vaj-bahona namozni tark etishimizga sabab boʻlolmaydi. Rivoyat qiladilarki, Hazrati Umarning Bogʻi eramdek muhtasham bogʻi bor ekan. Kunlardan bir kun u bogʻning tarovatiga mahliyo boʻlgancha asr namozini unutibdi. Esiga tushgan vaqtda esa jamoa bilan namoz qilishga kechikkani ayon boʻlibdi. Hazrati Umar iymon egasi edi, hap senimi, debdiyu bogʻni miskinu benavolarga hadya qilibdi. Qarang, qancha ogʻir boʻlmasin, u namozga eltuvchi yoʻldagi gʻovni bartaraf etmoqda. Musulmonlar, aytishga oson-u, aslida bunday ish tutish judayam qiyin. Sizu biz payti kelsa, hashamdor bogʻ u yoqda tursin, bitta daraxtdan mahrum boʻlsak, ichimizdan oylab qirindi oʻtib yuradi. Hazrati Umar-chi, iymoniga soya tashlab turgan sababning ildiz-pildizi bilan qoʻporib tashlamoqda. Fikr qilguvchi inson boʻlsangiz, oʻylab koʻring, jamoa...

Shu chogʻ masjid darchasidan pir etib bir juft qush uchib kirdi-yu, Husanning xayoli boʻlindi. Qushchalar shiftda bir-birovini quvlashib uchishar va jonolgʻuchi ovozlari bilan biyron sayrashardi. “Tavba, bu qanday qushlar boʻldiykin?.. – oʻyladi tagʻin Husan. – Ularda bir sir bor-ov. Yoʻqsa, biz bilgan biron qush zotidan boʻlib chiqardi. Oʻzini tutishlari, sayrashlari, uchishlari – hamma-hammasi boshqacha...” Lekin Husandan oʻzga hech kimning qushchalar bilan ishi yoʻq edi, hammaning diqqat-e’tibori imomga qaratilgandi. Hasan ham jon qulogʻi bilan imom ogʻzidan uchib chiqayotgan hikmatlarni tinglar va goʻyo yod aylardi.

– Boshqa bir sahoba xufton namozini oʻqish uchun masjidga yoʻl olibdi, – soʻzlardi hamon imom, – yetib kelib qarasa, jamoa tarqab ketayotgan ekan. Kechikibman deya, shoshib nariroqdagi masjidga chopibdi – u yerda ham shunday ahvol ustidan chiqibdi. Shu yangligʻ tevarakdagi butun masjidlarni ziyorat qilibdi, na chora, birontasida ham jamoa bilan ibodat qilishga ulgurmabdi. Shunda chor-nochor uyiga ravona boʻlarkan, oʻylabdi: jamoa bilan masjidda namoz oʻqishning savobi uyda yolgʻiz oʻqishga koʻra yigirma yetti marta koʻproq edi, savobni qoʻldan chiqarmaslik uchun namozimni oʻshancha oʻqiyman, deb ahd qilibdi. Yetib kelib ahdini ado ham etibdi. Kechasi esa tush koʻribdi. Tushida otini qichanglab oldinda borayotgan bir guruh otliqlarni quvib borayotgan emish. Safga qoʻshilay deya, bedovini shu qistasayam ortga qolib ketaveribdi. Alhol, kimdir orqasiga oʻgirilib, “ovora boʻlma, hargiz urinsang-da, baribir yetolmaysan, chunki biz namozni jamoa boʻlib oʻqiganlarmiz”, debdi.

Birodarlar, tushning magʻzini chaqdinglarmi, – xitob qildi imom. Soʻng oʻzi sharhlay ketdi. – Axir, oldinda borayotgan otliqlar bu – namozni masjidda birgalikda ado etgan jamoa-ku. Orqada bir oʻzi ot qoʻyib ketayotgan zot namozni uyda, tanho oʻqigan oʻsha sahoba. Koʻring, namozni birgalikda – masjidda oʻqish bilan, uyda yolgʻiz ado etishning farqini biling, jamoa...

Aka-ukalar oʻrtasida bir xil vaziyatda oʻtiravergan qariyaning oyoqlari tolib uyushib qoldi, shekilli, dam sayin qoʻzgʻalib qoʻya boshladi. Yana anchagacha shu zayilda vaqt kechirib, axiyri, tagiga yigʻilgan ozgʻin oyoqlariga dam berish maqsadida roʻparasiga uzatdi-yu, yengil tortib “shukur” dedi. Ammo xuddi shuni kutib turgandek tepadan bir quchoq narsa uzatgan oyogʻi ustiga tap etib tushdi... Kuchli ogʻriqdan ohlab yubordi. Tushgan narsa bino shipiga bezak uchun yopishtirilgan ganj boʻlib, oʻz ogʻirligini koʻtarolmaganidanmi yo naridan beri yopishtirilganidanmi, har holda vaqt-soati kelgan ekanki, koʻchibdi. Bir pasda gʻala-gʻovur boshlandi.

– Nima boʻldi? – deya shu tomonga boʻynini choʻzdi imom.

– Tepadan ganch tushdi, – deyishdi yaqin-verida oʻtirganlar birvarakayiga.

– Hech kimga ziyon yetmadimi?, – yana soʻradi voiz.

– Aytarli hech gap yoʻq, – dedi ovozini baland qoʻyib Hasan, xuddi lat yedi desa, amrima’ruf toʻxtab, hamma uy-uyiga tarqaydigandek.

– Nega unday deysan, Hasan, qaragin, oyogʻi singanga oʻxshaydi, – dedi boʻlib oʻtgan voqeadan ta’sirlanib, shoshib qolgan Husan.

– Meni tashqariga obchiqib qoʻyasizlarmi yigitlar, – oʻzini qoʻlga olishga tirishib iltimos qildi yoshulli.

– Albatta, – Husan oʻrnidan qoʻparkan, qariyaning qoʻltigʻidan tutdi. – Sen ham u tomondan koʻmaklash, – dedi Hasanga. Tizilib oʻtirgan odamlarning olddagilari egilib, orqada¬gilari tisarilib yoʻl berishdi.

– Anavi joyda daraxt bor ekan... – yoshulli qoʻlini koʻtarib ishora qildi.

Qariyani ariq yoqasida oʻsgan oʻrik daraxti poyiga avaylab yotqizishdi.

– Voy-boʻoʻ! – xitob qilib yubordi Hasan uzatilganda yon tomonga ikki buklam boʻp qolgan oyoqqa koʻzi tushib. – Yomon sinibdi-yu!..

– Mayli, yigitlar, sizlar masjidga qaytave¬ringlar, baraka topinglar, – qariya uzalib, sinib qiyshaygan oyogʻini toʻgʻrilab qoʻydi. Bu bilan goʻyo oʻtgan- ketganning koʻzi tushib qoʻrqmasin demoqchi edi.

– Nimalar deyapsiz, amaki, bu ahvolda sizni tash¬lab ketib boʻladimi? – Husan olazarak yoʻlga boqdi.

– Yoʻq, bolam, meni deb namozdan qolmanglar, singan sindi endi, qaytarib boʻlmaydi, – dediyu yoshullining rangi oʻchib, lablari gezardi-da, asta boshini ajriqqa qoʻydi.

Havoda azon saslari yangradi...

– Yur, Husan, namoz boshlanib qoldi, – yana hov boyagidek sherigining yengidan masjid tomon tortdi Hasan. – Hali majlisga borish kerak. Amakiga boshqalar yordam berar endi, a?

– Oʻylab gapiryapsanmi? Koʻryapsanmi holini, hu¬shi¬dan ketib boryapti, mashina toʻs, kasalxonaga tez yetkazish kerak... – Husan ariqdagi boʻtana suvga dastroʻmolini hoʻllab yoshullining yuziga bosdi. – Hozir, amaki, hozir, ozgina sabr qiling...

Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar...

Ashhadu anla ilaha illalloh, ashhadu anna Muhammadar Rasululloh...

– Namoz boshlanib qoldi, Husan! – toqatsizlandi Hasan. – Namoooz!..

– Hasan, qara amakini... hushini yoʻqotdi...

– Namoz deyapman men senga, Husaaan! – baqirdi Hasan, – Iymoningni boy berma!..

– Agar oʻlaman deb yotgan shu kishiga hozir yordam bermasam, iymonimni aniq boy beraman, Hasan!.. – ovozini koʻtardi Husan ham. – Oʻzingni oʻtga, choʻqqa urganing bilan iymon Allohdan! U bersa, bor, bermasa, yoʻq ekan, tushundingmi!..

– Kofir boʻlma! Yur namozga! Iymonimizni saqlab qolaylik!..

– Oʻzing kofir boʻlma! Yur, anavi kishining jonini saqlab qolaylik!..

– Shayx hazratlari aytadiki... – soʻzlari ogʻzida qoldi Hasanning.

– Shayx hazratlarini qoʻy, Husan, sen oʻzing nima deysan, shuni gapir! Qachon sen Hasanning gapini aytasan?!.. – boʻgʻildi Husan. – Birovning iymoni bilan yashash mumkinmi?.. Tavba... qarab tursam, sening musulmonliging masjidning ichidagina bor, darvoza hatlab tashqariga chiqishing bilan kimligingni bilib boʻlmaydi, Hasan!..

– Ogʻzingga qarab gapir, Husan!.. – asabiy qichqirdi Hasan...

Shu choq hajdan qaytayotgan hojidek ehrom – oq libosga burkangan oʻrik daraxti tepasida ikki qushcha paydo boʻldi-yu, bezovta bir ohangda vijirlay boshladi. Ular dam charx urib masjid tomonga borib kelar, dam koʻcha boshiga dovur uchib, tagʻin yoshullining oldiga qaytardi. Na bir dam qanotlari tinardi, na tillari: pir-pir, vijir-vijir...

Hasan-Husanlar koʻkdagi qushchalarga lol-hayron qarab qoʻyishdi va javdiragan koʻzlarini yana amakiga olishdi.

Hamon muazzin ovozi jaranglardi:

Hayya ‘alas-solaaaaaaaah…

(Namozga kelinglar),

Hayya ‘alal-falaaaaaaaah…

(Najotga kelinglar),

Qod qomatis solah...

(Namoz boshlanib qoldi).

Hasan bir sulayib yotgan cholga, bir azon saslari kelayotgan masjidning lang ochiq darvozasiga qarab dovdirardi. Shuning barobarida goh masjid tomonga ikki-uch odim bosar, goh cholga qarab intilar edi. Ayni damda qushchalarning biri boshi ustida uvalo solib aylanar, chugʻurlashida ham allabir xavotir, norozilik bordek edi. Nogoh “Saflarni tekislang”, degan ogoh¬lantirish yangradi-yu, Hasan shitob bilan masjidga qarab yurdi. Shunda... shunda, e voh, qushcha pastroqqa tushib, goʻyo yoʻlini toʻsmoqchi boʻlgandek harakat qildi: gʻalati, chiyillashga oʻxshagan tovush chiqarib, naq tumshugʻi ostigacha parillab keldi. Hasan qoʻlini zarda bilan siltadi: kisht-e!.. Barmoqlari qushchaning qaerigadir tegib oʻtdi. Jonivor zarbdan uchib yerga quladi, ikki-uch momiq pati esa havoda hilpirab qoldi...

Hasan chopib ichkariga kirib ketdi...

Husan boʻlsa bu orada mashina toʻxtatib, hushini batamom yoʻqotgan yoshullini nihoyat azza-bazza quchoqlab, orqa oʻrindigʻiga yotqizdi, oʻzi boʻlsa shoshib haydovchi yoniga choʻkdi.

– Iltimos aka, tezroq haydang... Oppoq mashina shitob bilan qoʻzgʻaldi.

Boyadan beri masjid, qiygʻos gullagan oʻrik va shovqinli koʻcha ustida charx urib aylanayotgan qushcha yana vijir-vijir qildi. Havoda “Ollohu akbar” degan sas yangraganda gumbazli bino tepasiga bordi-da, bir charx urib, soʻng yengil harakat bilan boyagi bayzo mashina ketgan yoqqa yeldi...

Masjid darvozasi yonida qoʻriqchi askarlardek qaqqayib turgan tilanchi ayol va qopqora bolakayning yerda challak-pallak boʻlib yotgan ikkinchi qushchani koʻrib qolib, tutish uchun qilgan astoydil harakatlari zoe ketdi. Oʻzi tomon bostirib kelayotgan xavf-xatarga koʻzi tushgan qushcha bir siltanib oʻnglandi, soʻng qanotlarini tekislagancha havolandi... Uchib borib esa oʻrik shoxiga qoʻnib oldi...

* * *

Bir mahal ibodat tugab, namozxonlar qofila-qofila boʻlib masjidni tark eta berishdi. Ular bilan Hasan ham chiqib kelib, oʻrikning ostida bir bahya oyoq ildi. Dam kasalxona tomonga, dam esa qarshi tomonga taraddud ichida boqdi. “Majlis bor edi-ku, Husan!” – deya pichirladi afsus bilan. Soʻng shayx Ahmad Junayd bilan boʻlajak uchrashuv sururi qalbini bir entiktirdi va shu entikish toʻlqiniga oʻzini topshirdi...

Ayni damda boyatdan beri jimgina oʻtirgan qushcha pir etib havoga koʻtarilgandi, titroq novdalardan duvillab oʻrik gullari toʻkildi. Soʻng qushcha shitob bilan yurib ketayotgan Hasanning boshi ustiga uchib borgancha gʻalati siyoqda charx ura boshladi. Koʻrgan kishi “Nimasini yoʻqotdi ekan bu qushcha?”, deb oʻylashi tayin edi. Lekin Hasan nechundir qushchani koʻrmadi. Ehtimol, koʻchadan viz-viz oʻtayotgan mashinalar shovqini yoki yigit qalbida joʻsh urayotgan orzular gʻalayoni xalaqit bergandir. Nima boʻlgandayam, qushcha yana bir muddat oʻsha koʻyda uchib, chunon bezovtalik ichra chugʻurladi-da, birdan hech qanday parranda zotiga xos boʻlmagan shiddat ila koʻkka tik parvoz qildi... Koʻp oʻtmay moviy ranglarga singib, gʻoyib boʻldi...

Darvoqe, qushcha uchganda titrab qolgan shoxga qoʻshilib endi butun daraxt gullarini toʻkishga kirishdi, aftidan, bu ishni novdalarida bitta ham chechak qolmay, batamom ship-shiydam boʻlguncha davom ettirgudek alfozda edi...

“Yoshlik” jurnalining 2010-yil 9-sonidan olindi.