OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ulugʻbek Hamdam. Otash (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiOtash (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm36KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Otash (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

Qoʻy boqib yurib shu tomonlarga tasodifan kelib qolgan bolakay koʻrib qolmaganda Otashning holi nima kechardi — aytish qiyin. Yoshi qirqni qoralab qolganiga qaramay soʻqqabosh yashasa, ustiga ustak, ulkan shahardan chetda — istiqomatchilari birin-sirin manguga tark etgan, bugunga kelib nurab bitayozgan xaroba qishloqda moxovdek bir oʻzi tursa, kim ham uning hushsiz yotganidan xabar topardi deysiz... Xullas, Yaratganning marhamati bilan Otashni shifoxonaga joni chiqmasdan yetkazishdi. Oʻziyam naq uch kun deganda koʻzini ochdi. Ochdiyu birdaniga hech nimani — qaerda yotganini, oʻziga nima boʻlganini eslay olmadi. Keyin esa hammasi asta-sekin yodiga tusha keldi: xuddi kun chiqarkan, atrof yorishib, narsalar aniq-tiniq koʻringani kabi...

Oʻsha kuni Otash vayronaga aylangan uylardan birida titkilanib yurgandi. Birdan tashqarida uy hayvonlarini tartibga chaqirib yurgan bolaning «qur-e-qur-e»; si qulog‘iga chalindiyu beixtiyor oʻsha yoqqa odimladi. Lekin na qoʻy-qoʻziniyu na bolani koʻrishga ulgurdi: birdan koʻngli behuzur boʻlib, qurib qolgan ariq boʻyida oʻsgan chinorga suyangancha koʻzlarini yumdi. Keyin... koʻringki, qobog‘ini ochib oʻzini shu yerdan — palatadan topdi...

Otash atrofga qarandi — boʻlmada oʻzidan boshqa yana bir kishi bor boʻlib, koʻzlarini jips yumib yotardi. Uxlayaptimi yoki shunchaki qoboqlari yumuqmi, bilib boʻlmasdi. Balki komadadir...

Palata deyilgani oynavand toʻsiqlar qoʻyilgan alohida boʻlimlardan iborat boʻlib, chamasi Otashning ham oʻng, ham soʻl tomonida yana qator shunday ajralmalar tizilgandi. Ana, hamshira bejirim aravasini sudrab narigi palatadan yoʻrg‘alabgina kirib keldi-da, Otashga bog‘langan tibbiy anjomlar holatini tekshirgan boʻldi: bemorning yuziga koʻzi tushib esa salom berdi, soʻng bilagini tutib igna urdi.
— Endi tuzukmisiz?

Otash oʻz ahvolining tangligini sezib qoldi. Chunki hamshirani koʻrib-eshitib tursa ham unga javob berolmadi: lablari, tili oʻziga boʻysinmay turardi: yuzidan, zarif tabassumidan juda latofatli koʻringan hamshiraning mehribonligiga yarasha iltifot koʻrsata olmadi. Hatto qiz igna urganda na oʻz badanini va na hamshiraning barmoqlarini his qildi. Goʻyo sezgi tuyg‘usi uni tark etgandek. Hamshira ishini bitirib qoʻshni palataga aravachasini g‘ildiratib uzoqlab borarkan, Otash beixtiyor unga talpinib qoʻllarini choʻzmoqchi boʻldi hech qursa imo-ishora bilan chaqirmoqqa tutindi. Lekin qoʻllari koʻtarilmadi: hamshira qaysi holatda qoʻyib ketgan boʻlsa, oʻshandayligicha qolaverdi...

Birpas oʻtar-oʻtmas uni negadir uyqu bosdi...

Tush koʻribdi. Yana oʻsha tanish manzara... oʻsha ayol — Soliya. Otash zoʻr berib, ovozining boricha chaqirarmish: — Soliya!... Soliya!.. — Lekin ayol eshitmasmish. Oradagi masofa u qadar uzoq emas, baqirish u yoqda tursin, astagina «Soliya»; desa ham eshitilishi kerakdekmish-u...

Otash oʻz uyida emish, Soliya boʻlsa shahar va shu uy oʻrtasida nimalardir qilib yurganmish. Otash azbaroyi qiziqqanidan shu qarab ham Soliyaning nima ish qilayotganini tushuna olmasmish. Bir qarasa, u oʻta muhim yumush bilan bandga oʻxsharmish, bir qarasa, ayol shunchaki u yoqdan bu yoqqa boʻsh-bayov kezib yurgandekmish. Lekin Otash uni haliyam chaqirarmish. Oʻzi esa turgan joyidan jilmasmish. Jilishi mumkin emasmish. Chunki u chegaraga — oʻzi Solihaga yaqinlashishi mumkin boʻlgan sarhadga kelib qolganmish. U yog‘iga yurishi mumkin emasmish negadir. Soliha boʻlsa... Soliha bu tomonga odim bosish u yoqda tursin, Otashning iztirob bilan baqirib-chaqirishlariga bir qiyo boqib ham qoʻymabdi. Butun kuchini toʻplab yana «Soliya!!!»; deya jonining boricha chaqiribdi va toʻsatdan boʻg‘zi yirtilib, og‘zidan sharillab qon oqa boshlabdi. Shundan keyin u Soliyaning ismini ayta olmay qolibdi — bundan esa holi yomonlashibdi...
— Sizga nima boʻldi? Uyg‘oning!.. — Otash koʻzini ochib, tepasida quti oʻchgan boyagi hamshirani koʻrdi.
— Yomon tush koʻrdingiz, shekilli, bosinqirayapsiz... Hozir, — hamshira suvga nimadir tomizib keldi-da, Otashning boshini bir qoʻli bilan xiyol koʻtargancha stakanni labiga tutdi. Keyin karovot poyasidagi sochiqni olib bemorning terdan suv-suv boʻlib ketgan yuz-koʻzini, peshonasini artdi. Shunda Otash sochiqni, hamshiraning qoʻlini his qildi. Tomog‘ini qirib koʻrdi — oʻz ovozini oʻzi eshitdi. Ichiga iliqlik yugurib, qoʻl va oyoqlaridagi barmoqlarini qimirlatib razm soldi: goʻyo hammasi joyida.
— Rahmat, — dedi past, xirilloq ovozda koʻngli tinchib nari ketayotgan hamshiraga...

* * *

Ikki-uch kun oʻtib, Otash oʻrnidan turib yuradigan boʻldi. Lekin allaqanday xijillik baribir uni tark etmasdi.

«Nima oʻzi u? Qaerdan keldi? Nega ketmaydi?»; — Bu savollarning javobini bilmasdi Otash.

Deraza osha kech kuzning namchil havosida «diydirab»; turgan daraxtlarga boqar ekan, asta qoʻzg‘alib tashqari chiqdi. Xazonrezgi. Otash shamol supurayotgan yoʻlakda bir pas kezindi. Ich-ichidan bir titroq kelib, ortga qaytdi. Niyati — bino oldidagi skameykada biroz tin olish edi, — chog‘i kelmay ichkariladi. Uzun karidordan oʻz boʻlmasi tomon asta odimlab borarkan, bosh vrach xonasining qiya ochiq qolgan eshigidan uchib chiqayotgan soʻzlar qulog‘iga qoʻrg‘oshinday quyuldi.

«Otabekning yurib qolganiga koʻp ham sevinmang, qarindoshlariga sekin tushuntiring, u — uzoqqa bormaydi...»;

Otabek ketayotgan joyida «taqa-taq»; toʻxtadi. Bosh vrach qoʻl ostidagi xodimlarga u bilan bog‘liq tag‘in nimalardir dedi, lekin Otabek endi ularni eshitmasdi... Yoʻq-yoʻq, eshitardiyu, ma’nosini anglamasdi...
— Nima qilib turibsiz bu yerda? — palatadan chiqqan boshqa bir hamshira Otashni bilagidan tutib yetakladi.
— Judayam uxlagim kelyapti. Iltimos, uyqu doringizdan bersangiz, -yalingannamo ohangda dedi Otash oʻzini karovatga oʻtqazib qaytishga chog‘langan hamshiraning qoʻllarini tutib.
— Voy, endi uxlab turdingiz-ku, — ajablandi hamshira.
— Unday emas, kechasi mijja qoqmadim. Charchab ketdim. Yolvoraman... -taraddudga tushib qoʻlini tortib olmoqchi boʻlgan hamshirani qoʻyib yubormay iltijo qila boshladi bemor.
— Voy, manavi kishiga qaranglar, — kuldi hamshira xiyol qizarinqirab. — Men oʻzimcha sizga dori buyurolmayman. Vrachdan soʻrab kelay, — qoʻlini arang qutqarib olgan qiz chopib nari ketdi.
— Tunda yomon uxlamadingiz, chamasi, Otabek? — gap qotdi gazeta varaqlab yotgan yoshi ulug‘roq boʻlmadoshi.

Otash unga bir qarab qoʻydiyu indamadi: yuragiga qil ham sig‘may turgan shu tobda javob bergisi kelmadi. Lekin xiyol oʻtmay boyagi hamshira qoʻlida tayyor oʻqlangan igna bilan roʻparasida paydo boʻlganda yuzi yorishgandek boʻldi...

Otash koʻzlarini ochganda vaqt allamahal boʻp qolgandi. Buni u derazaga toʻr solgan shom rangidan angladi. Shamol kuchayib, daraxtlar u yoqdan bu yoqqa guvlab sollanardi. Yana qulog‘iga yaproqlarning «chirt-chirt»; uzilgani urildi...

«Xazon yaprog‘iga, ey bog‘bon, emassen mone»;.

Qoʻshiqdan esida qolgan ushbu bayt Otashning miyasida charx ura boshladi. «Soliya»; dedi pichirlab. «Soliya, seni judayam-judayam sog‘indim! Yana bir vaqtlardagidek chaqirsam, kelasanmi? Soʻnggi bor... Soliya, soʻnggi bor»;.
— Hadeb uxlab, xayol suravermay manavini yeb oling, kuch boʻladi, -karovatning maxsus xontaxtasiga yarim kosa boʻtqa, ikki kesim boʻlka non, bir boʻlak qovurilgan baliq va oppoq finjonda choy qoʻydi hamshira, — tushdan keyin sizni yoʻqlab qarindoshlaringiz keluvdi, uyg‘otib boʻlmadi. Kechqurun yana kelamiz, deyishgan.

...Otash yotaverib zerikib ketdi. Keyin beixtiyor ravishda choʻzilib tumbochkani ochdi-da, ichidan qog‘oz va qalam chiqardi. Tashqarida bir maromda tebranib qoʻshiq aytayotgan va oʻz qoʻshig‘i ohangiga mos tarzda raqs tushib orolanayotgan daraxtning suratini chiza boshladi. Ilgari ham u daraxt rasmini koʻp ishlagan, umuman, uning chizgan suratlarining yarmi Soliyaga bag‘ishlangan boʻlsa, qolgan yarmida daraxt bor edi. Lekin nega bunday, oʻzi ham bilmasdi. Otash Soliyaga bag‘ishlangan yuzlab suratlari motivini yaxshi anglar edi, biroq daraxt-chi, uning tagma’nosi nima ekan? Sirasi, u daraxtni turli koʻrinishlarda chizgan edi: hamma fasllardagi, hamma koʻrinishlardagi daraxt rasmlarini solgandi. Nazaricha, daraxt inson koʻnglidagi keraksiz hoyu havaslarni tashqariga quvib haydardi. Dunyoning oʻtkinchiligi va umrning omonatligi toʻg‘risidagi eng goʻzal, eng ta’sirli qoʻshiq daraxtga tegishli edi. Shoxlarida xoh yaproq boʻlsin, xoh boʻlmasin, qat’i nazar, tinglay bilgich — qalb qulog‘i ochiq odamlar uchun daraxtlar hamma vaqt — qishin-yozin hikmat aytadilar, ha...

Otashning bilganlari shular edi. Endi boʻlsa, uning qarshisida — qog‘ozda tag‘in bir qoʻshiq kuylayotgan ulkan daraxtning qaddi rostlanib borarkan, tuyqusdan boshqa bir narsaga — haligacha hech aqliga kelmagan bir ma’noga duch kelib qoldi. U ham boʻlsa, Soliyani sevishiga, Soliyaga boʻlgan muhabbatini qalbida bir umr koʻtarib yurishiga munosib iqlim yaratgan kuch, aslida, shu daraxtlar, ular kuylayotgan ajabtovur qoʻshiqlar ekan. Ha-ha, ishonavering, aynan shular ekan... Nega, deysizmi? Chunki bir paytlar Otash ham dunyoi dunning odami edi — turli-tuman kiyinishni, shirin-shirin yeyishni, xil-xil mashinalarda yurishni sevguvchi moddiyat quli edi — eslaydi, hammasi yodida. Eng goʻzal, eng jozibador ayollarga ishqi tushib, kechayu kunduz ular bilan maishat qilganlarini ham unutgan emas. Kunlardan bir kun ana shundaylardan birining uyidan yarim tunda qaytayotib yoʻl oʻrtasida mashinasi buzildiyu oʻsha yerda tonggacha qolib ketdi. Shahargacha bir necha chaqirim bor edi. Atrofda «yilt»; etgan chiroq koʻrinmas, faqat yonginasida shamolda sollanib, oʻzicha kuylab yotgan bir bog‘gina e’tiborini tortardi. Aslida, hammasi ana oʻshandan boshlangandi. Otash sahargacha oʻsha bog‘ni, uning dillarni entiktiruvchi qoʻshig‘ini tinglab chiqqandi. Tinglab, unga oshig‘u beqaror boʻlib qolgandi. Shu-shu avallari har xil mavzularda moʻyqalam tebratadigan yosh rassom endi faqat va faqat daraxtzorni, daraxtlarni, daraxtni chizadigan boʻldi-qoldi! Keyin... hech qancha vaqt oʻtmay taqdir uni Soliyaga roʻbaroʻ qildi... Eh, bularning bari biram sirliki...

Otash surat chizishga shunchalar berilib ketdiki, palatadoshining gaplashmoqchi boʻlib ikki-uch luqma tashlaganiniyam payqamadi. Doim shunaqa — ilhomi kelganda botinida — koʻkrak qismida allaqanday maxmurlik paydo boʻladi-da, u shu holatning asiriga aylanadi. Aylanib to asari yakunlanguncha uning ichida u yoqdan bu yoqqa issiq qon kabi (har holda unga shunday tuyuladi) oqaveradi. Hozir ham shunday boʻldi. Shiddat bilan tortilayotgan chiziqlar, moʻyqalamning ketma-ket himolari qog‘ozda hayratangiz bir daraxt suvratini barpo qilib ulgurgandi. Unda kuzning zafaron tusi aks etgandi. Lekin g‘oyat jozibador koʻrinardi. Havoda uchib toʻzg‘iyotgan oltinrang yaproqlar qaragan kishining koʻngliga mahzun kayfiyat olib kirar-u, uni qayg‘uga botirmasdi. Bil’aks, daraxt shoxlarining bir tomonga xiyol egilgan holati va barglardan bunyod etilgan sochlarining ajabtovur bayroqdek hilpirashi tomoshabin qulog‘iga daraxt kuylayotgan qoʻshiqdek urilardi...

Otash yana anchagacha surat ustida ishlab — taroshlab oʻtirdi. Bir mahal hamshira kirib keldi: «Chaqirsayam eshitmaysiz-a, Otabek aka?»; dediyu rassomning qoʻlidagi chizmasini moʻyqalamiga qoʻshib beozorgina sug‘urib oldi: «Koʻrgani kelishdi»;.

Otabek eshikka qarab, onasi va ikki ukasini koʻrdi-yu yuzlarida tabassum paydo boʻldi: «Assalomu alaykum, ona!»;
— Vaalaykum salom, bolaginam, vaalaykum salom!.. — onaning ovozi titrar, koʻzlari jiqqa yosh edi. Otabek boʻylari baland, basavlat ukalari bilan soʻrasharkan, yana oʻshanday soʻlg‘in nigohlarni uchratdiyu hammasini tushundi: jigargoʻshalari baridan xabardor ekan!.. Ayni damda nariroqda boyagi suratga ajablanib boqayotgan hamshiraga koʻz qiri tushib ulgurdi.
— Nega yig‘laysiz, onajon? Otdekmanu... — oʻzi aytayotgan gapga oʻzining ishonchi boʻlmagani uchun Otash uzuq-yuluq jumla tuzdi, — yaqinda javob ham berishadi...
— Inshaolloh, bolam, inshaolloh... — ona yengining uchi bilan koʻzyoshlarini artdi. — Iloyim, aytganing chin boʻlsin!..

Otash ukalariga qaradi: ular koʻzlarini olib qochishga behuda urinishayotgani shundoq yuz ifodalaridan ayon edi. Biri yuzini deraza tomonga burgan (lekin u yerda hech nima koʻrinmas — shom tushib boʻlgandi), boshqasi boʻlsa, kursida omonatgina oʻtirgan koʻyi tuflisining tagcharmiga qaragan kishi boʻlib vaqtni choʻzmoqqa tirishardi.
— Bitta qizni deb oʻzingga jabr qilding-da, — onaizor oʻziga oʻzi gapirgansimon hasratdor ovozda soʻzlay ketdi, — yoshing oʻttiz yettiga chiqdi-yu ortingda qoladigan zurriyoding yoʻq, jon bolam...
— Ona!.. — dedi boyadan beri yuzini «deraza bilan berkitib»; turgan uka, — Ona, hozir shu gaplarning mavridimi? Akam yosh bola emas-ku! Nima qilishini oʻzi bilar, axir...

Bunday tortishuvlardan bezib ketgan Otash norozi alfozda koʻzlarini qattiq yumdi...

* * *

— Turing, nonushta qilvoling, — dedi yana oʻsha hamshira. — Hozir bosh vrach «obxod»;ga kirib qoladi, boʻlaqoling.

Otash erinibgina koʻzlarini ochdi.
— Assalomu alaykum.
— Vaalaykum... Nima, siz har kuni ishlaysizmi?
— Yoʻg‘-e... — dedi hamshira patnisni bemorning «xontaxta»;siga avaylab qoʻyarkan, — unaqada charchab qoladiyu odam. Sherigimning oʻrniga chiqdim. Ishi chiqib qopti.

Otashning ishtahasi yoʻq boʻlsa-da, asta turib yuz-qoʻlini chayish maqsadida shundoq biqinda joylashgan vannaxona tomonga yurdi. Qaytib chiqqanda esa qarshisida paydo boʻlgan hamshira iltimos qilib qoldi: «Mening ham suratimni chizib bering»;.

...Otash hamshiraning suratini kun-uzoq chizdi...

Navbatchiligini yakunlab uyiga ravona boʻlayotgan hamshira eshikdan kirib kelgandayam berilib ishlab oʻtirardi. Qiz rasmga bir muddat tikilib turdi-da, soʻng «Nima bu?»; degandek rassomga boqdi. «Bu mendan koʻra anavi suratdagi daraxtdan qarab turgan ayolga koʻproq oʻxshab qopti-ku, Otabek aka?»;
— Qaysi daraxtdan qarab turgan ayol, tushunmadim? — ajablandi Otash.
— Siz faqat bitta qiyofani chizasizmi, deyman? — endi rosmana xafa boʻlib gapirdi hamshira. — Mayli, buniyam oʻsha ayolga bering...

Otash stul suyanchig‘iga suyab qoldirilgan suratni qoʻliga olib razm soldi — u chindan ham Soliyaga oʻxshab turardi. Keyin shoshib kecha chizgan suratiga qaradi. Yoʻq, unda faqat daraxt bor edi. «Qanaqa ayol?»; dedi ensasi qotib. Keyin suratlarni olib roʻparasidagi deraza raxiga tirab qoʻydi.

Kechqurun ketgan ketib, qolgan qolib, atrof suv quygandek jim-jit boʻlgan payt suratlarga koʻzini qadab xayol surib oʻtirgan Otash birdan hayajon bilan oʻrnidan turib ketdi. Turiboq suratlarning oldiga bordi, daraxt tasviri tushirilgan rasmni qoʻliga olib, koʻzlarini yirib qaradi: Yo qudratingdan! U yerda chindan ham Soliya bor edi. Faqat... faqat orqa planda — ichkaridan ulkan daraxtning orasidan — bag‘ridan ma’yus boqib turardi. Otashning lablari uchar, titroq barmoqlarini suratga olib borar, lekin yana choʻchib undan uzoqlatar, koʻzlari damodam yoshlanar edi. Bir mahal suratdan daraxt chekindi va boshidan-oyoq inson qiyofasini oldi — endi oshiq roʻparasida ma’shuqa turardi. «Qachon men sen bilan yop-yolg‘iz qolgum!»; lablari shivirladi Otashning. U bir paytlar — sevishib, dunyolarni unutib yurgan vaqtlar shu misrani Soliyaga bot-bot aytguvchi edi. Biroq taqdir ekan — ular hech qachon bir-birlari bilan yolg‘iz qolishmadi. Peshona yoziqlari bunga yoʻl qoʻymadi. Mana, nihoyat, oʻsha orzusi ushalib turibdi oshiqning. Otashning koʻzlaridan oqqan shoshqator yoshlari «tim-tim»; tomib suratga tushar, undagi boʻyoqlar sekin-asta shuvalib bir-biriga chaplashib borar, lekin buni farqlaydigan holi yoʻq edi oshiqning... Otash ana shu holida yig‘lab-titrab bir muncha vaqt qolib ketdi. Keyin esa... keyin Soliya bilan urishib qolgan oʻsha mal’un kuni «lop»; etib yodiga tushdi. Tushdi-yu koʻnglida uxlab yotgan gina-kudrat uyg‘onib qoldi: «Agar sen g‘urur qilmaganingda hammasi boshqacha boʻlishi mumkin edi, Soliya!»;

Otash suratga qarab murojaat qilardi, biroq undagi ayol — Soliya bir zumda koʻzdan g‘oyib boʻldi. Otash taraddudlanib qoldi: tipirchilab oʻzi chizgan suratning goh u, goh bu yog‘iga qarar, endigina shu yerda — qarshisida uni tinglab, u bilan muloqot qilib turgan Soliya qay yerga «uchib»; ketganining siriga yetolmay dog‘da qoldi. Shundan keyin Otash suratni deraza raxiga qayta qoʻydi, oʻzi boʻlsa «undagi Soliya»;ni ilk payqagan joyiga — karovatga chiqib oʻtirdiyamki, foydasi tegmadi. Suratda faqat daraxt — sariq sochlari shamolda selkillab turgan ulkan daraxtgina qoldi... Otashning jig‘ibiyroni chiqib, xunob boʻlib yotdi. Keyin charchoq ustun kelib koʻzi ilindi. Yana tush... Yana Soliyasiz kechgan shuncha yillar oʻtmagandek emish: ular xuddi bir vaqtlardagidek birga emish. Qaddi-qomatlari ham, qiliq-qiyofatlari ham burungidek deng. Elektrichkaga chiqib toqqa — lola sayriga borganmishlar. Quchoq-quchoq qizg‘aldoq, lola, binafsha terisharmish, bir-birlarining boshidan quchoq-quchoq sochisharmish ham. Yurib-yurib tog‘ning baland bir choʻqqisi qarshisiga kelib qolishibdi. Choʻqqining yon bag‘rida esa anvoyi gullar oʻsib yotganmish: lola boʻlib lolaga, qizg‘aldoq boʻlib qizg‘aldoqqa oʻxshamasmish. Hatto binafshadan ham nimadir bor emishu, asli boshqa gul emish. Soliya oʻsha gulga oshiq boʻp qolibdiyu choʻqqiga chiqamiz deb turib olibdi. «Sen shu yerda turatur, oʻzim olib kelaman»;. Otash tepaga qarab tirmashibdi. Chiqibdi. Oʻsha — dunyodagi hech bir gulga oʻxshamaydigan, lekin borliq chechaklardan goʻzalroq, xushboʻyroq gulni uzib olar chog‘ida oyog‘i toyib, ikki quloch pastdagi qoyaga qattiq urilibdi. Zarbdan chap qoʻli sinib, osilib qolibdi. «Shuncha gullar turganda, yana gul deb qaysarlik qilganingni qara, Soliya!..»;. Og‘riq ustida xayolidan oʻtibdi uning. Qaytib pastga tushganda esa Soliya yoʻq emish. «Soliya, qanisan, qaerdasan?»; deya qichqiribdi. Qichqiriq zoʻridan yana tomog‘i yirtilib, yana og‘zidan qon kelibdi. Atrofda — boya Soliyani qoldirib ketgan joyda, uning nari-berisida odamlar bor emish va Soliya goʻyo ana oʻsha odamlar orasiga kirib g‘oyib boʻlganmish: «Soliya!..»; Lekin uni hech kim eshitmasmish. «Shu yerda bir qiz turgandi, chiroyli, sarviqomat, sochlari sumbul, koʻzlari xumor... Koʻrmadingizmi?»; Odamlar unga parvo qilishmasmish, eshitmasmish ham. Goʻyo Otash boru, ular yoʻq. Yoki ular boru, Otash yoʻq. Yo unisi, yo bunisi sarob kabi...

«Soliya!!!»; Oʻzining ovozidan oʻzi choʻchib uyg‘onib ketdi Otash. Koʻzlarini katta-katta ochib atrofga qaradi — boʻlmada uning yolg‘iz oʻzi. Sherigiga qachon javob tegib ulgurdi — hudo biladi. Faqat narigi tomondan «Jim»; degan uyquli nido keldi. Keyin «ship-ship»; degan shippak tovushi ham qulog‘iga chalindi — hamshira boʻlsa kerak...

Otash boshqa uxlay olmadi. Qoʻzg‘alib oʻtirdi. Koʻzi beixtiyor deraza raxidagi suratga tushdi. Yuzasida oy yog‘dusi oʻynab turgan daraxt — goʻyo harakatga keldi va tebrana-tebrana yana Soliyaga aylandi. «Soliya»;— shivirladi Otashning lablari. «Soliya, yana keldingmi!.. Soliya, seni sog‘indim, judayam sog‘indim!.. Sensiz bu dunyo menga begona boʻlib qoldi, tushunyapsanmi? Goʻyo yetti yot mamlakatga surgun qilingan mahbusdek sezaman oʻzimni. Sendan ayrilgan kunimdan beri shundayman — muhojirman. Soliya, sen mening qaytishim mumkin boʻlgan yagona joyim, munis Vatanimsan!.. Biroq oʻzing qaydasan? Doʻxtirlar kunim bitib qolganini aytishmoqda, chaqirsam, kelasanmi? Soliya, bu mening sendan oxirgi ilinjim, oʻtinaman: kel! Toki men begona yurtlarda xor-zor boʻlib oʻlib ketmay. Senga — Vatanimga qaytib, shu quchoqda jon beray, Soliya!..»;
— Bemor Nabiev, nega oʻzingiz bilan oʻzingiz gaplashib oʻtiribsiz, qani, toʻshakka kiring, boshqalarning dam olishiga xalaqit bermang, — yoshi kattaroq boshqa bir hamshira kelib, bolani oʻrniga yotqizgan kabi Otashni joyiga oʻrab chiqib ketdi.

Otashga bu yoqmadi: umrga tatigulik suhbatni boʻlgani uchun hamshirani yomon koʻrib ketdi. Lekin yana turib qaraganida suratda Soliya yoʻq edi. Shunda u bir sirni tushunib qolgandek boʻldi: yuragi muhabbatga toʻlib-toshgan damlarida suratda Soliyani, qolgan vaqtlarda esa daraxtni koʻrayotgan edi, ajab!

«Soliya, biz bir-birimizni nega yoʻqotganimizni endi tushunib yetdim. Sen bilan ajralishgan oʻsha mash’um kunda koʻzlarimiz faqat va faqat daraxtni koʻrgan ekan. Biz oʻsha kuni bir-birovimizni koʻrolmay qolgan ekanmiz...»;

Keyin nima boʻldi — Otash eslay olmadi. Faqat hushiga kelganida tepasida bir toʻda oq xalatli odamlar hovliqib u yoqdan — bu yoqqa chopib, shoshilib yurishardi.
— Uni yoʻqotyapmiz!..
— Bugun boʻlmasa, erta-indin baribir yoʻqotamiz...
— Tezroq yuragini massaj qiling, massaj!..

Qulog‘iga elas-elas kirayottan bu soʻzlarning negadir qadri qolmagandi. Ular faqat tovushdangina iborat edi, mazmuni esa qayoqqadir g‘oyib boʻlgandi. Ajab, soʻzlar, jumlalar oʻz holicha har qancha mudhish jaranglamasin, mazmuni kishi qalbiga kirib bormasa, hech ekan, hech!..

Keyin nima boʻldi, oradan qancha fursat kechdi — Otashning bulardan xabari yoʻq. Nazarida uzoq, juda uzoq choʻzilgan uyqudan koʻzini ochganida oʻzini goʻyo hech nima boʻlmagandek his qildi. Faqat butun vujudida lanjlik bor edi — qimir etgisi kelmasdi. Ammo binoyidek gapira olardi. Demak, u oʻlmabdi. Ana, tunov kun undan xafa boʻlgan hamshira kelyapti. Hozir bir nima deydi...

Lekin u lom-lim demaydi. Otash tomonga bir munglig‘ boqadiyu qoʻshni boʻlmaga ravona boʻladi. Nega? Yoki suratining oʻzga qizga oʻxshab qolgani boyaqishning dilini shunchalar ranjitdimi?..

Koʻp oʻtmay palataga ota va onasi kirishadi. Lekin ular ham Otashga hamshiraga oʻxshab qarashadi, avaylab, xuddi oxirgi marta gaplashayotgandek lutf koʻrsatishadi. Bundan esa Otashning g‘ashi keladi. Navbat bilan huzuriga kirib-chiqayotgan toʻng‘ich ukasini qoʻlidan tutadi:
— Menga qara!.. Menga... menga qancha qoldi?..

Ukasi qiynaladi. Lekin toʻg‘ri javobni aytmagunicha akasining oʻtkir nigohlaridan qocha bilmaydi:
— Ikki-uch kun...
— Salom, Soliya!..
— Voy, assalomalaykum, Otabek aka!
— Yaxshimisan?
— Shukr, oʻzingiz tinchmisiz? Yoʻqolib ketdingiz. Qoʻng‘iroq ham qilmaysiz bundoq... — gina, araz va navozish qilgan boʻldi Soliya.
— Senga xalaqit bermay dedim...
— Qoʻysangiz-chi...
— Soliya!..
— Hm...
— Seni koʻrishim kerak... Soʻnggi marta, eshityapsanmi?..
— Tinchlikmi? Odamni qoʻrqitmay gapiring, Otabek aka...
— Uzr...Kechir meni... Rostdanam, bema’ni gap aytdim, shekilli.
— Kelasanmi?..
— Qaerdasiz?
— Kardiologiya markazida, oxirgi qavat, liftdan oʻngga qarab yurganingda eng chetdagi palata. Oppoq eshigi bor...
— Voy, nima qildi?.. — ovoziga xavotir aralashdi ayolning.
— Bugun kelasanmi?
— Bugun?..
— Ha... iltimos, kelmasang boʻlmaydi, Soliya!.. — yuragidagi titroq ovoziga koʻchdi Otashning... — Oʻtinaman: kel!..
— Xoʻp, harakat qilaman...

* * *

Surat goʻyo bag‘rini katta ochdiyu Soliya timsolida Otashni mahkam quchib oldi — unda tasvirlangan daraxt musavvir yigitning ma’shuqasi siymosiga aylandi — qoldi. Otash esa uzzu kun undan nigoron koʻzlarini uzmadi.
— Mana, Soliya, hammasi — mening hayotimning hammasi shundan iborat ekan: tug‘ildim, sevdim va... Yaxshiyam sen bor ekansan... Senga roʻbaroʻ qilgani uchun qismatimga shukrona aytaman. Axir... axir sen boʻlmasang, men bu yerda — dunyoda nima ish qilgan boʻlardim? «Tug‘ildim va oʻldim»; deb aytgan boʻlarmidim?..

Mana, yana sen kelasan!.. Koʻrishmaganimizga ham necha yillar boʻp ketdi. Oxirgi gal suratlarim koʻrgazmasiga kelganding. Suratlardagi oʻz siymongni koʻrib, sekingina «Esingizni yeb qoʻyibsiz. Odam ham bir kishiga atab shuncha rasm soladimi!..»; deb, xijolatdan qochib ketganding. Keyin... keyin menga xabar yuborganding: «Kechiring, koʻpchilikning nigohini koʻtara olmadim... Nahotki, bir ayolni shunchalar sevish mumkin?!»;

Ertasiga esa yana bir xabar olgandim: «Iltimos, uylaning»;. Eh, Soliya, kimga qaramay, hammada seni koʻrsam, yuragimgagina emas, koʻzlarimga ham sen toʻlib olgan boʻlsang, men yana netib boshqaga uylanay? Aslida, seni koʻrgan kunimdan senga uylanganman-ku!.. Sen har doim, har lahza men bilan birgasan: hushimda ham sen, tushimda ham...

Keyin Otashning yodiga talabalik chog‘laridagi bir voqea tushdi. Oʻshanda fizkultura darsi edi. Otash sport binosiga kirib ketarkan, skameykada xayol surib oʻtirgan Soliyaga koʻzi tushib, oldiga borgandi. « Mazam yoʻq»;. «Unda men sen bilan oʻtiraman»;. «Voy, dars-chi?»; «Qiziqmisan, sen bilan bir soat suhbatlashish imkoni bor ekan, men qanday qilib darsga kiraman?.. Huzuringda oʻltirishdan ortiqroq dars yoʻq men uchun!..»;

Xiyol oʻtmay qayoqdandir paydo boʻlgan uch-toʻrt olifta yigit Soliyaning yon tarafiga oʻtirar-oʻtirmas, gap ota boshlashgandi. Keyin ma’lum boʻlishicha, ular shu universitetdan oʻzlariga qayliq qidirib yurishgan ekan. (Qiliqqa qarang: boʻlajak turmush oʻrtog‘ing bilan ham koʻchadagi satanglarni «ovlagandek»; qilib tanishasanmi?..) Tabiiyki, Otash aralashib, bir pastda mushtlashib ketishgandi. Ular koʻpchilik edi, Otash boʻlsa bir oʻzi. Lekin oʻrtaga olib bir tepki qilishgandayam shashtidan qaytmagandi: urganni urib, tepganni tepgandi...

«Qoʻrqmadingizmi, ular bir toʻda boʻlsa?»; soʻragandi Soliya Otashning tibbiy markazda yaralarini yuvib bog‘lashayotganda. «Bilmasam, oʻzim ham hayronman»; degandi Otash. Keyinroq mushohada qilib koʻrsa, chindanam oʻziga oʻxshagan bir nechta yosh, baquvvat yigitlarga bas kelish uchun odamga yurakdagi jasoratdan boshqa yana nimadir kerak ekan. Otashning fikricha, bu muhabat edi! Yonida Soliya, yuragida ishq boʻlmaganda, Otash ehtimol oʻsha yigitlarning aqalli bittasi bilan yoqalashishga ham oʻzida jur’at topolmasdi. Ha-ha, ishonavering. Bunga uning oʻzi amin boʻlgan. Hayotida necha bor buning kabi janjalli vaziyatlar yuz berganiga qaramay, har safarida shunday urishib ketmadi-ku! Eng muhimi, oʻzini botir his qilmadi.

Koʻziga joni shirin koʻringan damlar qancha boʻldi, axir... Demak, ishq deganning bag‘ridagi kishi oʻlimdan ham qaytmas, qoʻrqmas ekanmi...
— Siz shunaqa... men uchun hamma narsaga tayyormisiz? — soʻragandi himoyachisining bog‘lab qoʻyilgan tirsagini silab Soliya.
— Hamma narsaga, hammasiga, Soliya!.. — koʻzlari yongandi Otashning.
— Oʻlimga hammi? — tikilgandi yigitning koʻziga u.
— Oʻlimga ham...
— Mensiz yashashga-chi? — quvlik bilan jilmaygandi qiz.
— Faqat bunga emas, Soliya!.. Yoʻq! Sensiz yashay olmayman.
— Hozirgina «Sen uchun hamma narsaga tayyorman»; degan kim edi? — oshiqning yuziga yengilgina shapatilagandi ma’shuqa. — Odam bergan soʻzining ustidan chiqishi kerakmasmi?

Otash qizga «hazilmi-chinmi»; degandek kulib qarab qoldi.
— Istasang, mayli... unga ham tayyorman. Faqat eplay olishimni va’da bermayman.— Otash qizni oʻziga tortib bag‘riga bosgandi. — Men uchun «sensiz»;, degan tushunchaning oʻzi yoʻq, sen har doim men bilan birgasan! ..
— Ha... Har doim... — koʻzlari yoshlangandi qizning...

Qoʻqqisdan kuchaygan shamol daraxt shoxlaridan duv-duv barg toʻkdi. Ertalabdan beri ezib yog‘ayotgan yomg‘ir shiddatkor tus oldi. Otashning shirin xayoli boʻlindi. Derazaga boqib shom tushayotganini ilg‘adi. Shoshib devorda — roʻparasida osig‘liq soatga qaradi: Oʻh-hoʻoʻ!..
— Soliyaga nima boʻldiykin? Nahotki, kelmaydi? Yodidan chiqqandir... Ishi koʻpdir... yoʻq-yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. Axir tayinlab aytdi-ku, «kelmasang, boʻlmaydi»;, dedi-ku. Buni xuddi bir vaqtlardagidek qilib aytdi...

Ehtimol, ichkari kiritishmagandir. Ahvolimni og‘ir deb, eshikdan iziga qaytarishgandir... Telefon bor-ku... Aytardi-da bir og‘iz... Oʻzim qilsam-chi?.. Endi kech. Oilali, bola-chaqali ayol boʻlsa..

Otashning koʻz oldi qorong‘ilashdi...

* * *

Ertasi choshgoh boʻldiyamki, «tiq»; etgan tovush yoʻq. Toqati toq boʻldi uning. Eshikka mixlangan koʻzlari achishib-yoshlanib ketdi. Yotaverib oʻmganlari og‘rib-og‘irlashib qoldi. Endi surat bilan gaplashish ham yuragiga sig‘mayotgandi. Sirasi, u yerda endi Soliya yoʻq edi. Faqat tillarang yaproqlari ma’yus shivirlab daraxt turardi. Undan nigohingizni biroz yuqoriga olsangiz, shu daraxtning aslini koʻrasiz. Biroq uning ahvoli yana-da ayanchli: bir-ikki zavolli barglari omonatgina hilpirab turgan yalang‘och novdalarini koʻkka choʻzgan daraxt xuddi «Ey, Parvardigor, nima qilib qoʻyding?»; deya koʻksi tilka-pora boʻlib, arzi dod aytayotgan odamga oʻxshardi...

Otash oʻrnidan bazoʻr qoʻzg‘aldi — tumba ustidagi telefonga qaradi: xabar bormikan?.. Bir muddat oʻylanib turdi. Keyin raqam berdi. Terdi-yu oʻchirdi. Xona ichida u yoqdan bu yoqqa yurdi. Tashqariga — daraxtga qaradi: u bahor-kuz safari mobaynida obdon horigandek tuyuldi: kech kuzning izg‘irinli shabadasida butoqlari mayin titrar, ulardan duv-duv yomg‘ir suvlari koʻzyoshlar kabi toʻkilar, toʻkilar va yana toʻkilardi...

Tuyqus Otashning ichi titrab ketdi. Oʻzini ilk kez yolg‘iz — Soliyasiz his qildi. Eshityapsizmi, ilk kez... Hech qachon bunday boʻlmagandi, hech qachon!.. Quturgan suvlarda g‘arq boʻlayotgan shoʻrlik yanglig‘ xasga yopishdi — beixtiyor yana oʻsha raqamni terdi. Telefon uzoq vaqt chaqirib turdi. Keyin... Keyin Soliyaning, oʻsha Soliyaning ovozi keldi, oʻsha ovozi!.. Faqat... faqat uyqu aralashgandi uning ovoziga.
— Allo... Kim?
— Soliya!.. Bu — men!.. — dedi diydirab. -Kecha... kecha kelmading...
— Hozir... besh-oʻn daqiqada oʻzim qivoraman.

Otash bir g‘alati boʻlib oldi. Telefon apparatini ikkala qoʻlida mahkam ushlab olgancha kutdi: dam oʻtirib, dam tik turib oldi. Avval besh daqiqa kechdi, keyin besh oʻnga aylandi. Biroq telefon soqov edi. Keyin yana besh, besh, besh... Otash hisobdan adashdi. Vaqtning bunchalar uzun, moʻl-koʻl boʻlishini shu yoshga kiribgina his qildi. «Kutsang, ular ham uzayib ketarkan»;, dedi u oʻziga-oʻzi.

Bu orada tushlik olib kelgan hamshira uning koʻp harakat qilmasligini, dorilarni ovqatdan keyin albatta ichishini tayinladi. Otash bu g‘amxoʻrlikni kulibgina qabul qildi. Keyin yana hovuchidagi matohga koʻzini tikdi...

Oradan ancha fursat kechib, ostonada yana paydo boʻlgan hamshira bir qoʻl tegizilmagan tushlikka, bir esa telefonga jinniga oʻxshab termilib oʻtirgan Otashga alang-jalang qaradi. Lekin yurak yutib bir nima demadi. Boshini ma’noli chayqagancha ovqatni aravachasiga yukladi-ketdi...

Nihoyat, toshdan sado chiqdi deganlaridek telefonga zabon bitdi.
— Assalomu alaykum, Otabek aka. Uzr, kecha oʻtolmadim. Kechqurun qaynimning tug‘ilgan kuniga boradigan edik. Sochimni ertalabdan boʻyatib oluvdim, deng. Koʻrmaysizmi, kuni boʻyi ezib yomg‘ir yog‘di. Uydan chiqolmadim... Kechqurun amallab restoranga borib keldik... Yomg‘ir tinib qolsa, dugonamning — Arofatning mashinasida bugun oʻtib qolarmiz. Borayotib telefon qilamiz, manzilni unga yana aytib berarsiz. Men yoʻlni bilmayman...

Soliya tag‘in nimalardir dedi, lekin Otash ularni eshitmay, eshitsa ham soʻzlarning mag‘zini chaqmay qoldi. Koʻz oʻnggida dunyoni zulmat qoplay boshladi. Dovdirab koridorga, undan esa tashqariga yurdi.
— Bemor Nabiev, sizga koʻp harakat mumkin emas, kirib yoting.
— Xoʻp...xoʻp.. qaytaman hozir, — dedi soʻrovchiga qiyo ham boqmay Otash.

Bir pas oʻtib koʻchaga chiqib oldi. Taksi tutdiyu shahardan tashqariga — uyiga qarab yoʻnaldi. Tashqarida haydovchini kuttirib, ichkaridan nimadir olib chiqdi — dastroʻmolga oʻrog‘lig‘ narsa edi u. Chamasi, Otash shu tarzda hisob-kitob qildi — kirakashga pul oʻrniga nimadir tutqazdi. Shundan keyingina haydovchi shahardan uzoqda, adirliklarning poyidan oʻrmalab ketgan yoʻldan ham ancha ichkarida joylashgan koʻrimsiz uyni ortda qoldirgancha iziga qaytdi.

Otash toʻg‘ri omborga qarab ketdi. Ombor eshigining baland kesakisiga oyog‘ini urib, ichkariga otilib ketdi. Lekin shu zahotiyoq qoʻzg‘alib, oyoqqa qalqdi.

Eshikdan tushgan yorug‘likda paypaslanib nimanidir oldi, keyin yoʻlni toʻg‘ri ustaxonasi tomon oldi... Qoʻlida og‘irroq idish bor edi — mayishib yurardi.

Ustaxona keng, yorug‘ va yuzlab suratlar bilan shunday bezatilgan ediki, kirgan odamning xayoli qochardi. U yerda ham daraxt va yana oʻsha ayolning turli-tuman suratlari osig‘liq turardi. Ilinmaganlari ham allaqancha edi. Biroq Otashning shu tobdagi koʻngil manzarasi ustaxona ichidagidan yuz, ming, milyon... karra muhimroq, sirliroq va qoʻrqinchroq tuyulardi... Otash idishdagi suyuqlikni polga, devorga, undagi suratlarga sepib yubordi. Shunda xona ichi benzin hidiga toʻlib ketdi. Burchakdagi stol tortmasidan chaqmoqni qoʻliga olgan Otash nihoyat harakatdan toʻxtab, chuqur-chuqur nafas oldi...

Quloqlari ostida avval oʻz soʻzlari jarangladi: «Bugun kelmasang, boʻlmaydi, Soliya! Oʻtinaman: kel!..»;

Keyin esa Soliyaning ovozi quloqlariga urildi: « Ertalabdan sochimni boʻyatib oluvdim, deng... Koʻrmaysizmi, kuni boʻyi ezib yomg‘ir yog‘di... uydan chiqolmadim...»;

Otash jon achchig‘ida chaqmoqni yondirdiyu ustaxonaning toʻrida ilingan hashamdor hoshiyali suratga — oʻziga jilmayib boqib turgan Ayol suratiga qarab otdi... Olov bir silkinib old-da, baravj yongancha suratni yamlay boshladi. Oldin ayolning sarvdek vujudi, qoʻng‘iroq sochlari, keyin oydek yuzi yondi. Faqat... faqat koʻzlarigina yonmasdi. Ular tillarang olovning ayovsiz qilichlaridan omon qolayotgandek tuyuldi. Otash ularga — koʻzlarga nimadir demoqchi, balki ulardan nimanidir soʻramoqchi, oʻtinmoqchi boʻldi. Boʻldiyu, og‘iz ham ocholmay tutildi: chunki... chunki koʻzlar olovning taftida oʻzgarib, ularda muhrlangan ma’no evrildi — ayolning, bir paytlar Otashga cheksiz muhabbat ila boqqan oʻsha ayolning sohir koʻzlari qahraton qishning eng ayozli kunidek sovuq yiltillab oʻtdi. Va xuddi shu lahzada olovning qoʻli baland keldi: koʻzlar olovga yem boʻldi...

Dahshatli manzara Otashning koʻz soqqalarida bir zumgina aks etdi, bir zumdan keyin esa u yerda gurillab yonayotgan olovning tillari gadoning koʻkka ochilgan qoʻllari yanglig‘ qotdi-qoldi...

...Bu orada tashqarida yomg‘ir tindi. Ehtimol, bu ham Yaratganning bir marhamatidir. Shahar chetida — chaqirsang, birov eshitmaydigan bir kanorda lovullab yonayotgan uyga suv sepib oʻchirishni va shu yanglig‘ ichkaridagi oshiq yigit chekayotgan azobning yana va yana davom etishini istamagandir... Axir, xom sut emgan bandalar boʻlsak, kaerda hikmat borligini biz qaydan bilamiz?..

Biz qaydan bilamiz, «yomg‘ir tindi»;, deya balki Soliya ham allambalo fasonga solingan goʻzal sochlarini koʻz-koʻz qilgancha uydan chiqqandir va hali zamon kardiologiya kasalxonasining oxirgi qavat, liftdan oʻngga qarab yurganda eng chetdagi oppoq eshigini chertib qolar... Biz qaydan bilamiz...