OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiPillapoya (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Pillapoya (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

«
Ustozlarimga bagʻishlayman
»
«
Agar haqiqat mening yuzimga oyoq bosib oʻtishni taqozo etsayu sen buni qilmasang, aslo rozi emasman
Bahouddin Naqshband
»
«
Pillapoya boʻldim senga, azizim,
Sen ham gal kelganda pillapoya boʻl!

Erkin Vohidov
»

Odamlarning oqimi xuddi pishqirib oqayotgan daryoni eslatardi. Kimdir qaddini tik tutgan holda oʻrtada gerdayib borar, kimdir egilib-mayishgangancha chetda, pillapoya tutqichiga suyangan koʻyi arang harakatlanardi. Hamma oʻz kuchi yetgancha koʻtarilib borardi-da, uzun yoʻlakdan boshlangan qavatlarga kirib koʻzdan gʻoyib boʻlishardi. Ammo koʻpchilik, baribir, imkon qadar yuqoriroq chiqishga orzumand edi. Atigi bir qavat boʻlsa ham teparoqqa ilashgisi kelardi ularning. Shuning-chun ham vujudini kuch-quvvat butunlay tark etgunga qadar koʻtarilib kelib, nihoyat, holi oʻziga ayon boʻlgachgina qarshisidan chiqqan qavatga chor-nochor oʻzini topshirardi. “Chekimizga tushgani shu ekan, nimayam qilardik, peshona...”, deya oʻzaro gʻudranishadi odamlar qavatlariga kirib ketisharkan. Ammo yana shundaylar bor ediki, ular oʻz hollarini bilmasdilar: charchab, harsillab, tili bir qarich boʻlib osilib qolganiga qaramay, koʻzlari yuqorida olma terar, yonidan oʻtib ketayotgan har qanday bir yoʻlovchining qoʻltigʻiga bezbetlarcha kirib, tagʻin bir necha zina teparoqqa chiqib olishardi. Lekin “oʻzingda yoʻq, olamda yoʻq” deyishganidek, hatto miskanadek yopishqoq va sur mana shular ham birovning koʻmagida uzoqqa borisholmay, zinada yoki biron qavatning kirishida yiqilib, yerlarda xor boʻlishardi. Ularga qarab tursang, nigohlaring bulgʻanib ketadi. Yaxshisi, koʻzni pok tutmoq kerak, deysan oʻzingga oʻzing ulugʻlarga ergashib.

Zinalar boʻylab koʻtarilish, bir qarashda, sport musobaqasini yodga solardi: hamma birinchilikni olishni, gʻolib boʻlishni istab, goʻyo jon olib, jon berardi. Kuzatib qarasam, izdihomning bunday kayfiyati menga yoqmadi. (Oʻzi shunaqaman: koʻpchilik istagan narsalardan qochib yuraman. Musobaqa ruhini yoqtirmayman.) Inchunun, oqimning ichidan ayrilib chiqdimu pastga, kelgan joyimga qaytib tusha boshladim...

Tushish yomon boʻlarkan. Chiqayotganda hansirab, toliqib, oʻpkam shishgan ediyu, baribir, koʻpchilik hosil qilgan katta oqim koʻmagida uncha malollik sezmagan ekanman. Enishda esa nafasim ravon, yengil boʻlib qolganiga qaramay, oqimga qarshi borayotganim uchun boʻlarim boʻldi: hali u, hali bu yelkalaru oʻmganlarga urinib chirpiragim chiqadi. Ayniqsa, odamlarning savolchan nigohlari, “jinnimi bu?”, degandek jirkanib qarashlari serandisha tabiatimni nayzalab tashladi. Lekin nima qilay, tushishdan boshqa ilojim yoʻq, tepadagi talashib-tortishish menga manzur kelmadi. Yana deng, umuman, pillapoyaga duch kelganimdan buyon ixtiyorim oʻzimdadek tuyulgani bilan juda unaqa emasdi. Mening menligim shu bilan, pillapoya bilan tirik edi. Shu ma’noda men unga bogʻliq edim...

Shunday qilib, men zinaning eng quyi qismigacha inishga qaror qildim. Qani, u yerda nima bor ekan?.. Tepadan pastga qarab kelayotganda yakka oʻzim edim. Menga shunday tuyulgandi. Bir necha zina pastga tushganimdan keyin ortimga boqib, menga oʻxshaganlar anchagina ekanligini koʻrdim. Yana biroz oʻtgach esa “men” “biz”ga, “biz” esa “oqim”ga aylanganini bildim. Demak, oqimga qarshi oqim. Biri tepaga, boshqasi esa pastga qarab oqadi...

Men pastdagi yalanglikka qadar enib bordim va negadir ilkis toʻxtadim. Chunki... chunki yerga tushgandan keyin ortga, tepaga qaytgim kepqoldi. Buning sirini sizga tushuntirib berolmayman. Tepada ekan, birdaniga pastga tushgim kelganidek boʻldi hozir ham. Nima qilay, aytdim-ku, hech bir narsa mening ixtiyorimda emas edi deb, shunga. Qolaversa, u yer zerikarli tuyuldi menga. Qiladigan ish ham yoʻq, boradigan joy ham. Ammo men bilan tushganlarning asosiy qismi yalanglikda qolib ketishdi. Toʻgʻrirogʻi, bepoyonlikka oʻzlarini topshirishib, koʻzdan yitishdi. Demak, qismat boʻlsa, kiradigan teshik hamisha topilaqolarkan-da... Sarsor solsam, ularning orasida qariyalaru betoblar koʻpchilikni tashkil qilar ekan... Men va yana bir necha kishilargina ortga qaytib, yana oʻzimizni boyagi pillapoyaga urdik...

Endi men ilk safargidek imillamasdim, balki tez va shiddat bilan koʻtarilardim. Shunchalar tezki, hash-pash deguncha bir oʻzim oqimning ichida oqim paydo qildim. Hech kim men bilan tenglasha olmas, hatto pastdagi yalanglikdan birga qaytganlar ham hu-u-uv qayoqlardadir qolib ketishgandi. Oqimning ichida oqim paydo qilishning ham gashti, ham azobi boʻlarkan. Chunki umumiy katta oqimning sur’ati senikidan past boʻlgach, istaysanmi-yoʻqmi, u senga xuddi qarshi tomondan kelayotgandek tuyularkan, toʻgʻrirogʻi, shunga yaqin bir toʻsiqni yuzaga keltirarkan. Pastga tushib borayotganda yuqoriga koʻtarilayotganlar bilan qanday toʻqnashgan boʻlsam, hozir ham shunday, toʻgʻrirogʻi, shunga yaqin tarzda charpishib turdim. Buning oqibatida esa tezligimga putur yetar, yana zoʻr berib avvalgi, oʻz koʻnglimga uygʻun sur’atni topishga, topib olgach esa buning adoqsiz gashtini surishga muvaffaq boʻlardim. Bilasizmi, men mudom hayotning ma’nisini qidirib yurgich odamman. Shu tobda, shu pillapoyadan shiddat bilan yuksalib borayotgan onlarimda oʻsha ma’ni men bilan birga edi. Balki shu odamning oʻzi ma’ni edi. Demoqchimanki, oʻsha ma’ni mendan ayro emasdi yoki men ma’nodan. Xullas, siz meni tushundingiz...

Shu yangligʻ juda koʻp yoʻlni ortda qoldirdim. Men atrofga chalgʻimas, aksincha, dadil koʻtarilib borardim. Odamlarning yuziga qaramas, fikru yodim yanada jadalroq harakatlanish bilan band edi. Galdagi zinani orqaga tashlab, yangisiga oyoq qoʻyishim bilan koʻzim zinaning bitta poyasiga oʻtirib olgan ayolga tushdi. Uning yuz va koʻzlarida horgʻinlik alomatini aniq koʻrdim. U ham allaqanday noma’lum tomonlarga umidsiz boqib, oʻz-oʻziga “Charchadim, qushga aylangim kelyapti, qushga!..” der va “uh” degancha uzun-uzun nafas chiqarardi. Ayol ikki qavat oʻrtasida oʻtirardi. Nazarimda uning kuchi na yuqoridagi qavatga chiqishgayu va na pastdagi qavatga tushishga yetardi. Ayolning yonginasida, shundoq odamlarning oyoq ostida qoʻl telefoni yotardi. Undan “Alo, tez yordam eshitadi, gapirsangiz-chi!” degan ovoz tinimsiz takrorlanardi. Ammo aftidan ayolga endi koʻmak kerak emasdi. U chorasiz nigohlari bilan nuqul pastni koʻzlardi... Shu lahza ortimdan kelayotgan odamlarning qudratli toʻlqiniga dosh berolmay munkib ketdim va yiqilib tushmaslik uchun oldinga odim otdim...

Yoʻlda, pillapoya zahmatlaridan charchagan shoʻrlik ayolning qiyofasi anchagacha xayolimni tark etmadi. Yuzlab zinalarni bosib oʻtgachgina uni unutgandek boʻldim. Yoʻq, balki xotiramning allaqaysi gʻaladoniga berkitib qoʻydim, shekilli. Qachonlardir oʻsha gʻaladonni ochib qolsam, roʻbaroʻmdan tuyqus chiqib qoladi hali...

Yura-yura bulutlarga yondosh joyga chiqib bordim. Hatto parquv bulutlarning qancha-qanchasi poylarim ostida qoldi. Pillapoya boʻlsa bitay demas, men ham charchashni bilmas, shiddat-la ildamlardim. Yana yon-verimga boqmaslikka, xayolimni boʻlmaslikka, butun kuch va gʻayratimni yoʻlga sarflashga tirishardim. Bir vaqt kelib, xuddi anavi ayolni koʻrib qolganimdek, endi bir erkakning yuziga koʻzim tushdi va shu zahotiyoq allaqayday sirli-sehrli kuch ostida uning oʻtmishi kinolentadek botinimning allabir kunjida aylanib ulgurdi. Unga koʻra, erkak ham birmuncha avval zinalardan yuksaklikka koʻtarilib ketgan koʻp muborak zot ekan. Mana, endi safardan qaytibdi. Uning ham qadamidan oʻt chaqnagan ekan oʻsha paytlar. Shiddati haddi a’losiga chiqqan kezlar birgina oʻzi butun boshli toʻlqinni hosil qilgancha oldinlagan ekan. Oʻshanda uning ortidan yetib yurishga harakat qilgan qanchadan-qancha odamlar boʻlib, ular ham muborak zotning panasida oʻziga xos oqimchalar hosil qilgan va bundan bagʻoyat magʻrurlangan ekanlar. Lekin shu tobda uning bir oʻzi edi. Angoridan xuddi ayolga oʻxshab toliqqan koʻrinardi. Men uning yuziga qarab, butun oʻtmishini oʻqib-uqib turganim ushbu lahzalarda u ham menga boqib hammasini - kechagi kunimniyu ayni damdagi yurak holimni, yana qolmishiga, ertamni ham tushunib-tuyib turarkan. Keyin men unga yana sinchkovroq tikildim. Negadir uning ma’yus chehrasida oʻsha ma’noni, menga kerak, men talpinayotgan ma’noni uqmadim. Ma’noki, mening nazarimda pillapoya hadya qilishi kerak boʻlgan va men, siz, u... hamma-hammamiz shoshayotgan, oshiqayotgan. Ma’noki, zinalar boʻylab umid bilan yuksalib borayotgan inson zahmatlarini oqlaydigan. Ma’noki... qisqasi, siz meni yana tushundingiz... Erkakning hayot achchiq-chuchuklarini obdon sinagan nigohida boshqa mazmun xira tortib turardi. Men unga tikilib, “qancha yuksaklikka koʻtarilganing bilan, baribir, u yerda shu tobdagi koʻngil holingdan yana-da balandini topolmaysan, boʻtam. Sen qidirayotgan narsa, aslida, seni manzil sari oshiqtirayotgan oʻsha holingdan oʻzgasi emas” degan hikmatni oʻqidim, xolos. Ajablandim. “Shunday muborak zotning menga aytadigan gapi bor-yoʻgʻi shumi?” dedim oʻzimga oʻzim alam bilan...

Soʻng biz bir-birimizning yonlarimizdan hech nima boʻlmagandek, xuddi begonalardek oʻtib ketdik. Hatto ismlarimizniyam soʻramadik, bilmadik. Bizni uchrashtirgan yoʻl mana shunday qilib, bizni yana ayirdi...

Yoʻl yurdim, ertaklarda aytilgandek, yoʻl yursam ham moʻl yurdim. Endi xayolimni oʻsha zot mashgʻul aylagandi. Bir vaqtlar ayolning qiyofasidan anglaganlarimni unutganimdek, erkakning nigohidan uqqanlarimni ham unutaman, deb oʻylagandim. Ovora boʻlganim qoldi, xolos. Anglaganlarim ogʻir yuk kabi ustimdan bosib keldi. Men esa undan qochish uchun zoʻr berib yuqoriga intilardim. Mana shu tarzda minglab zinalarni bosib oʻtsam hamki, oʻsha zotdan eshitganlarimni unutolmadim. Chunki u menga oʻxshardi, yoʻq, toʻgʻrirogʻi, men unga oʻxshardim. U qachonlardir bosib oʻtgan yoʻlni men hozir bosar, u qachonlardir tuygan tuygʻularni men endi koʻnglimdan oʻtkazardim. Men ham unga oʻxshab shiddadkor edim, mening ham bu pillapoyada oʻz toʻlqinim, oʻz olamim bor edi. Men ham hech kimning ortidan yurmas, kimningdir toʻlqini panasiga yashirinmasdim. Bu mening Tangri ato qilgan tabiatimga zid edi. Yana shuki, vaqti soati kelib, men ham u singari shu pillapoyadan pastga tushishimni bilar, hatto buni ich-ichdan his qilar edim. Shunda mening ham ortimdan odamlar hozirgidek ergashmas, balki bir oʻzim oʻz xayollarim bilan enib borishimni aniq-tiniq tasavvur qilardim. Xuddi unga oʻxshab... Demak, u menga ustoz ekan, deb oʻylab qoldim navbatdagi zinadan koʻtarilarkan. Shu choqqacha hech qachon mening ustozim boʻlmagan edi, u bilan oʻsha birgina, bir zumgina davom etgan nigohlar mubohasasidan soʻng, toʻgʻrirogʻi, bu haqdagi tinimsiz mushohadalarimdan soʻng uni oʻzimga ustoz, deb bildim. Hatto uning nomini bilmasam ham. Shunda men ustozning kim va qanaqa boʻlishini bilib oldim...

Ustozni topganim yaxshi ediyu uning koʻzlaridan uqqanim oʻsha huzunli ma’no meni qiynay boshlagandi. Aqlim “Unga ishon!” derdi. Chunki men pillapoyaning ilk zinasidan boshlab necha mingtasini bosib oʻtganim bilan hech qaysisida qoʻnim topmagandim. Bas, shunday ekan, netib yana huv osmondagisidan umidvor boʻlay?! Meni oʻsha yoqqa boshlayotgan kuch ustozim aytganidek, faqat va faqat koʻnglimning shu ondagi holati, xolos. Bor-yoʻgʻi - shu! Olamning mazmuni bizning oʻz koʻnglimizdagi mazmun bilan qoimdir! Axir men hozir yosh va gʻayratliman, umid va orzu ichimda bolalab yotibdi. Ular-chi, ular - oʻsha ayol, ustoz? Ularning tanalari qaridi. Ichlaridagi orzu-umidlar esa qush misol birin-sirin uchib ketdilar. Shuning uchun ham koʻzlarida tiklab boʻlmas horgʻinlik aks etgan. Axir, ularning qiyofalaridagi surunkali charchoq, aslida, koʻngillarining ifodasi emasmi? Ustozning “yuqorida hech narsa yoʻq”, degani aslida, shu tobdagi boʻm-boʻsh koʻnglidan chiqayotgan sado edi-da!.. Ammo... ammo bilasizmi, ustoz endi pastdan - pillapoya ibtidosidan nimadir kutayotgan edi. Nazarimda, bu uning yuragini tark etmagan yakkayu yagona ilinji edi... Axir, men kuni kecha oʻsha quyiga tushib borganim bilan koʻpchilik kirib koʻzdan yoʻqolgan joyga, pardaning ortiga oʻtmadim-da! Ustozning umidi oʻsha pardaning orqasidagi dunyo bilan bogʻliq edi endi... Har holda uning koʻzlarida shu ma’no ham bor edi...

Lekin, men davom etardim. Aytim-u boya, men hech kimning soyasida namoz oʻqimayman, deb. Yana mingta erkagu ayol yoʻlimdan chiqib, nigohlari orqali menga oʻsha birgina haqiqatni uqtirishga urinishsa ham, men, baribir, oʻz yoʻlimdan qolmasligimni bilardim. Chunki mening ichim, muborak zotning huvillab qolgan botinidan farqli oʻlaroq, orzu-umid bilan toʻla edi. Nazarimda, ular allaqanday, oʻzim ham tuzukroq anglamaydigan gʻaroyib bir moʻ‘jizaga qaratilgan edi. Bu moʻ‘jiza oʻzimgacha mavjud boʻlgan har qanday haqiqatdan yuksakroq va kuchliroq tuyulardi men uchun. Moʻ‘jizani esa oʻzgalar bosib oʻtgan yoʻl emas (hatto ular ustoz boʻlsa ham), balki oldimda qaddini gʻozdek kerib turgan mana shu pillapoyagina hadya qilishi mumkin edi. Garchand u hamma yuradigan, hamma bir-bir bosib oʻtadigan bitta, yagona pillapoya boʻlsa ham. Kim biladi deysiz, ehtimol, men ustozim chiqib ulgurgan zinalarning yarmini ham bosolmasman, balki undan ikki hissa balandroq koʻtarilarman. Bunisi nomalum va bilasizmi, xuddi mana shu noma’lumlik meni oʻziga ohanrabodek tortardi. Shu sabab men ustozim oʻgitini bagʻrimga mahkam bosib, Xudo degancha pillapoya boʻylab oldinga - yuqoriga talpindim...