OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ulugʻbek Hamdam. Qaytish (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiQaytish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Qaytish (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

1

Bugun u ishdan ketdi. Ishdan-a?!.. Ha-ha, ishdan ketdi deyapman men sizga... Baqirganim yoʻq. Men bor yoʻgʻi uning ishdan ketganidan xabar berayapman. Shu tobdagi koʻngil holim uning ishdan ketganligi haqidagi xabar mazmuniga mos. Toʻgʻrirogʻi, xabar meni oʻz sajiyasiga koʻra sozlab oldi goʻyo. Shuning uchun ham sizga baqirayotgandek tuyulgan boʻlishim mumkin, aslida unday emas. Axir, bir kun siz ham, men ham, xullas, hammamiz ishdan ketishimiz mumkin-ku... (oʻshanda kerak boʻpqolar balki bu gaplar). «Qayoqqa?» - deysizmi?... Bilmadim. Hamma gap shunda boʻlsa kerak. Darhaqiqat, ishdan ketgandan keyin odam qayoqqa borar ekan?.. Ishlab turib oʻlib qolsa, uning qayon borishi ma’lum: chin dunyoga... Lekin oʻlmasdan burun ishdan ketsa-chi? Keyin nima boʻladi. U ishdan qaerga boradi?..

2

Shunday qilib, u ishdan ketdi. Qirq yil ishlagan, qirq yillik umri oʻtgan joydan ketdi... U qanaqa joy, ishning nomi nima, kimlar bilan ishlagan edi, deganga oʻxshash yuzlab savollar bu oʻrinda ahamiyatli emasdek. Nima uchun ishdan ketdi, oʻz ixtiyori bilanmi yoki ixtiyoriga qaramay ketishga majbur qilishdimi, keksayib, ishga yaramay qolgani uchundir, balki… oʻylaymanki, bularning javobi ham juda muhim koʻrinmaydi. Chunki, hamma qachondir qandaydir sababga koʻra ishga kiradi va vaqti soati yetib undan ketadi. Xuddi tugʻilish va oʻlishdek gap bu. Pistonchi oʻlibdi, deyishsa, darrov «nimaga?» deb soʻraymiz. «Falon-falon» sababga koʻra deyishgandan soʻng, «agar oʻsha sabab boʻlmaganda tirik yurardi» deya hamdardlik bilan bilagʻonlik qilamiz. Toʻgʻri, boʻlishi mumkin. Masalan, agar u anov kuni haqiqatan ham oʻsha savil mashinaga oʻtirmaganida, avtohalokat sodir boʻlmasligi mumkin edi. Biroq u baribir qachondir oʻlar edi. Qsha kuni boʻlmasa ertasiga boshqa sabab bilan, ertasiga oʻsha sabab bilan oʻlmasa, indiniga yana oʻzga bir sabab bilan... Aytmoqchimizki, oʻlim - muqarrar. Hammamiz mazkur fikrda yakdilmiz. Xuddi shunday, u yoki bu odamning bir kun kelib ishdan ketishi yoki ishlab turib omonat jonni Yaratganga topshirishi ham tabiiy hol. Bunga shubha yoʻq... Tavba, tavba... tagʻin oʻtlab ketdik, chogʻi...

3

Shunday qilib u ishdan ketdi... Ishxonadan keng va katta koʻchaga chiqarkan, oʻzini gʻarib, aftodahol sezdi. Uyiga bormasdan qarovsiz itdek shahar kezdi. Shunda u oʻzini haqiqatan ham keraksiz va tashlandiq his qildi. Ulkan koʻchalar boʻylab qad koʻtargan osmonoʻpar beton uylar xuddi unga qarab bostirib kelayotgandek dahshatli tuyuldi. Ilgari hech bularni payqamagan ekan. Axir har kuni shu uylar oldidan oʻtar edi-ku, nega faqat endigina ular begonadek, shafqatsizdek tuyulayapti. Qani avvalgi munosabat, qayoqqa ketdi, nega ketdi?!..

Uyiga esa uning aslo kirgisi kelmayotgandi. Yuragi dov bermayotgandi, toʻgʻrisi. Axir, oʻgʻli va qizining biri chet elda, boshqasi qoʻshni shaharda yashashadi. Ular oila qurib, oʻzidan tinib-tinchib ketishganiga koʻp boʻlgan. Xotini hayotligi paytda ham yilda bir kelishsa kelishardi, boʻlmasa telefon bilanoq qarindoshchilik burchidan osongina qutilib qoʻya qolishardi. Uzoq yili ayoli qazo qildi. Shundan beri yolgʻiz edi. Biroq u oʻz yolgʻizligini mana bugun – ilk marta his qilib turibdi. Ilk marta duch keldi uning kiyimsiz qolgan joʻjabirdek joni ayovsiz tanholik shamoliga... Holbuki, anchadan beri soʻqqabosh va qarovsiz edi. Biroq bugun... Bugun boshlanganga oʻxshaydi uning chinakam kimsasizligi...

4

Keza-keza, turtina-turtina horib-charchab, nihoyat, u oʻz uyi ostonasiga kelib qoldi. Yuragini vahm bosdi. Biroq na chora, uning kissasidan kalit olib, eshikni ochishdan oʻzga yoʻli bormidiki, tagʻin ikkilansa... Yoʻq-da... Ichkari kirdi. Butun dunyosini qorongʻilik chulgʻab keldi – shoshib chiroqni yoqdi. Keyin boshqa xonalarnikini ham birin-sirin yoqib chiqdi. Hatto, hojat va choʻmilish xonasini ham charogʻon qilib qoʻydi... Allamahalgacha yotmadi, oʻylanib-siqilib oʻtirdi, yurdi, ustma-ust sigaret chekdi. Ismsiz alamning avj pallasida esa koʻzlariga yosh ham chiqdi: «Endi nima boʻladi? Qandoq yashayman?» degan gʻoyat xavotirli savol miyasini ayovsiz choʻqirdi...

Nihoyat, tongga yaqin charchoqdan koʻzi ilindi... Qancha uxlaganini bilmaydi. Bir mahal qulogʻiga qushlarning shodon chugʻur-chugʻuri kirdi, shu hamono yuziga tushib turgan quyoshning yoqimli taftini tuydi. Ha, ajib bir farogʻat uni uygʻotgandi. Toʻnini yelkasiga tashlab, asta tashqari yurdi. Moʻ‘jazgina hovlida qad koʻtargan bir juft oʻrik qiygʻoch gullagan – tinimsiz sayrab turgan qushlar ham, u guldan bu gulga uchib-qoʻnib gʻoʻngʻillashini boshlagan asalarilar ham unda edi. Atrofda ona-zaminning, koʻklamning, ulugʻvor kuch – hayotning boʻyi shundoq ufurib yotardi. Vo ajab... Nahotki, u oldin bularni koʻrmagan boʻlsa?.. Axir u qariyb qirq yildan beri shu hovlida yashaydi, anov daraxtlarga ham kamida shuncha bersa boʻladi, lekin u nega bularning birontasini payqamagan bugungacha?..

Chamasi, u bir zamonlar – bunga koʻp boʻlgan – bolalik chogʻlari edi u paytlar – hammasini koʻrar va his qilardi. Ertalab uni yo quyosh alangasi yoki boʻlmasa mana shunaqa juvurjuq qushlarning bir-biriga gal bermay sayrashlari uygʻotardi – eslaydi. Keyin... Keyin u faqat ishxonaning, kundalik va yillik rejalar tashvishi bilan koʻz ochib yumishga odatlangandi. Bugun esa ular qayoqqadir chekinganga oʻxshaydi: uning qarib qolgan badaniga tagʻin quyoshning tafti yoqayapti, tagʻin uning yarim bitib qolgan quloqlari qushlar qoʻshigʻini eshitib rohatlanayapti.

Kechgacha u shu yerdan quyosh nurlariga choʻmilayotgan daraxt gullarining tagidan ketolmadi, sayroqi qushlarni tark etolmadi. Turtinib-surtinib boʻlsa-da, rahmatli ayolidan keyin qarovsiz qolgan hovlini supurib-sidirdi, yer chopdi, gullarni yovvoyi oʻtlardan tozaladi, ularga suv quydi... Nihoyat shom tushdi. U ham horib-charchadi. Ketmonni bir chetga qoʻyib, muslukda yuz-qoʻlini yuvdi, yelkasiga sochiqni tashlagancha kelib supaga choʻkdi. Keksa nigohlarini endigina nish urib turgan-daraxtu gullar, oʻtu oʻlanlar oʻsgan kaftdekkina yer maydoniga tikdi. Uzoq vaqt shunday oʻtirib qoldi. Shunda kimdir unga «Sen yolgʻiz emassan!..» deyayotgandek boʻldi... Bir seskandi-da, qoʻzgʻalib yurdi. Dimogʻiga suv sepilgan tuproqning bahor aralash hidi urildi. Koʻngli bir koʻtarilib tushdi. Lekin oʻzini tutdi. Daraxtga yaqinlashib, unga xuddi odamga qaragandek qaradi. Birdan botinida nimadir koʻchdi... Koʻchdi-yu, oʻzini daraxtga tashlab, uni mahkam quchganicha avvaliga unsiz, keyin negadir piqillab yigʻlab yubordi. Uzoq, juda uzoq vaqtdan beri koʻzlaridan bir tomchi yosh chiqmagan bu qariya endi yelkalari silkinib-silkinib, ichlari agʻdarilib-agʻdarilib yigʻlar, yigʻlagan sari butun umr yigʻilgan qatlam-qatlam sitamlari koʻchib chiqayotgandek boʻlardi...

U oʻziga hamroh va suyanchiqdek tuyulgan daraxt gavdasidan qoʻllarini olganda, koʻngli charogʻon edi. Holbuki, atrof tunning siyohiga choʻmilgandi, biroq zulmat yoʻq edi bu kechada...

Bu ora vaqt ilgarilab ketgandi. Asta yurib uyga kirdi, qorni ochqaganini his qilsa ham charchoqdan koʻzlari yumilib borayotgandi. Zoʻrgʻa xobxonaga yetib oldi-da oʻzini oʻringa tashladi. Uyquning toʻriga gʻarq boʻlayotgan shuuri endi xonalar chiroqlarini yoqib qoʻyilishiga ehtiyoj sezmasdi...