OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiSabo va Samandar (romandan parcha)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm100KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sabo va Samandar (romandan parcha)
Ulugʻbek Hamdam

«
Ishq ichra meni yoʻq ayla, yo Rab!
Navoiy
»

1

Yana bagʻri chok-chokidan soʻkilib uygʻondi. Yana koʻkragida oʻsha tuygʻu, hayotida oʻsha gʻalayon, boshida esa oʻsha isyon bor edi uning. Yana dardiga dunyodagi jamiki malhamlarning kor etmasligini suyak-suyagigacha anglab turardi. Anglaganidan, koʻzlari uyquli boʻlishiga qaramay, qaytib uxlay olmasligini ham bilganidan xobxona eshigini ohista yopib, oshxona tomonga oʻtdi. Musluk murvatini burab, bir piyola muzdek suvni yutoqib-yutoqib ichdi. Zora ichini kuydirib borayotgan olov taftini bir dam boʻlsin, bossa, yuragiga, vujudiga sovush lazzatini baxsh etsa!..

Qayoqda... U uf tortgancha balkonga oʻtdi. Yarim ochiq derazadan bahor hidi shundoq dimogʻiga urildi. Derazani katta qilib ochib yubordi. Endi qushlarning jivir-jiviri qulogʻiga xush keldi. Biroq... biroq bularning hech biri bagʻrini yondirib borayotgan darddan chalgʻita olmas, unga malham oromini bermas, berolmasdi. Umuman, uning hayotida neki sodir boʻlgan va boʻlayotgan esa hamma-hammasi oʻsha... tufayli, oʻsha...ning atrofida aylanayotgandi. Uzoq muddat yuzini koʻklamning yuziga tutgan va koʻzlarini yumgan koʻyi bir baytni yuz martalab takrorladi:

Tushimda koʻrdim seni,
Birga olib ket meni...
Tushimda koʻrdim seni,
Birga olib ket meni...
Tushimda koʻrdim seni,
Birga olib ket meni...

Uh-uh-uh!.. Hatto yozishga ham qiynalasan, kishi. U qoʻshaloq satrni necha yillar, yillar nimasi, necha oʻn yillardan beri takror-takror aytadi. Aytish nimasi, emranadi: «Tushimda koʻrdim seni,»; deydi, soʻng xuddi oʻsha koʻrgan kishisi qarshisida tiz choʻkib turgandek yolboradi: «Birga olib ket meni!..»; Lekin bu faryodu nidolar javobsiz, javobsiz... Ehtimol, javob aynan shu yerda — sukutdadir, muttasil javobsizlikdadir, kim biladi, deysiz...

Shundan keyin oʻsha ikki qoʻshaloq misraning davomi tugʻildi va ushbu emranish, ushbu... bilmadim, nima deb atasa toʻgʻriroq boʻladi, ushbu boʻzlash uning hayotining manifestiga aylandi...

"Tushimda koʻrdim seni,
Birga olib ket, meni..."
Ey afsona ruh — sevgi!
Qismatimni suy endi.
Xudoyimni sogʻindim...
Tushimda koʻrdim seni...
Xayolingga tutildim,
Turmushimni unutdim.
Borar joyim yoʻq endi,
Birga olib ket meni!..
Dunyo dagʻal, qattiqdir,
Sevgan koʻngil ortiqdir.
Nima qilay? — Ayt, gulim,
Sensizlikdir oʻng-soʻlim.
Tushlarimga qochgayman...
Ey afsona ruh — sevgi!
Duo qilgil sen meni!..
Dunyolarim kuysa ham,
Doʻst dushmanim kulsa ham,
Yuragimni tark etma,
Jismim ichra gʻarq etma...
Xudoyimni sogʻindim...

Necha marta unga «bu dunyoda sevgi yoʻq!»; deb aytdilar, iddao qildilar, garov oʻynadilar, dagʻdagʻa qildilar, ustidan kuldilar, oshkora ham pinhona gap qildilar — boʻlmadi. Faylasuflari kelib «Sevgi bu — dunyoni anglash yoʻlidagi ulkan zinapoyaning bitta zinasi»;, desalar, ruhshunoslari shivirlab «Sevgi bu — tiyilgan ehtirosning xayol surishi»; dedilar. Oʻh-hoʻ, bularning aytganlarini sanab adogʻiga yetib boʻlarmidi... Lekin yoʻq, yana yoʻq! Indamay eshitadiyu, boshini sarak-sarak qiladi, biroq bilganidan qolmaydi. Axir qanday qolsin, yurak-bagʻri jizgʻinagi chiqib yonib turgan boʻlsa, kuyib yurgan esa... Ishq, ishq va yana ishq boʻlsa bilgani, his qilgani, oʻylagani, oʻnggi va tushi... Shuning uchun ham u bu dahri dunyoda, bu dagʻal olamda oldingi safdagilardan, birinchilardan boʻlmadi, boʻlolmadi. Esu hushiga na nasihat kirdi, aqlu yodiga na sarvat. Devonai Mashrab boʻldi goʻyo, balki ayni Majnuni davron. Bilmadim, bilmadik... Bilganimiz shuki, u oʻz dardining quli edi. Inchunun, oʻz dardining malhamiga ham ehtiyojmand edi...

«Bugun Seni Koʻrsam...»;

Boʻldi. Shu uchta soʻz uning nihoyasiz dardlariga shifo boʻlguchi oʻsha malham! Shu uchta soʻzda uning baxti mujassam. Shu uchta soʻzda u oʻz qismati mohiyatini, insonlik mazmunini anglaydi, his qiladi. Va bu shunday anglash va his qilish boʻladiki, buning ta’midan hushlari boshidan uchadi, borligʻi qandaydir mutlaq bir ogʻushga gʻarq boʻladi va butunlik kasb etadi...

«Seni Koʻrsam Bugun...»;

Huvillab yotgan yalangʻoch dunyo shu bilan mazmunga toʻladi. Oh, bu qanday lazzat, qanday farogʻat!.. Lekin nega odamlar ishq qolib, bu dunyoga kelib-ketishning eng muhim, eng birlamchi, eng kerakli qadriyati — muhabbat qolib, atrofdagi juda arzimas, juda mayda ishlar bilan shugʻullanishadi — buni tushunmaydi u. Axir faqat ishq tuygʻusigina tiriklikni, tirik yurishni, ertalab uygʻonishu kechqurun boshni bolishga qoʻyish zahmatini oqlaydi. Faqat muhabbatgina insonga quyoshga yuzlanib turish jasoratini, undan bahra olish va muloqotga kirishish huquqini beradi. Faqat sevgigina odamga chuqur entikib «Men insonman!»; deyish iftixorini hadya etadi. Faqat ugina...

Boʻldi, bas!.. Soʻzni uzatgan bilan ishqsiz koʻngillarni sevgiga toʻldirib boʻlmaydi, ishqli dilga esa bir kalomning, bir dardchil imoning oʻzi kifoya — u darhol muddaoni anglaydi. Chunki uning ham tuprogʻi senikiga oʻxshash, siz bitta mulkning, yagona sultonlikning fuqarolarisizlar, bitta dinga — ishqqa topinguvchi dindosh va qavmdoshsizlar. Yoʻqsa, boshqa bir kishiga ishqsiz bir beboshga koʻngildagidan bir nima deb koʻr-chi, u senga xuddi jinniga qaragandek, yeb qoʻygudek boʻlib qaraydi: «Qiladigan boshqa ishing yoʻqmi?»; deya ustingdan oshkora kuladi. Sen ishqni «Tiriklikning javhari»; deya qancha ulugʻlasang, u «Bekorchining ermagi»; deya shuncha mazax qiladi. Uning tutumi senga qancha tushuniksiz kelsa, seniki unga shuncha gʻalati tuyuladi. Shuning uchun ham bu dunyoda har kimning oʻz qavmi, qavmdoshlari boʻladi. Inson faqat shunday qavmdoshlari tomonidangina qabul etiladi va siylanadi, boshqa yerda u hatto oʻz aka-ukasiga ham yetti yot begona boʻlib qolaveradi... Bas, shunday ekan, sen ishqdan soʻz aytmoqchi boʻlsang, oʻz qavmingga — seni tushunadigan va sen tushunadigan tanlangan kishilargagina aytginki, toki begonalar ichra begona boʻlmagaysan.

2

Tong sahardan beri «U»; deb kelayotgan kishimizning asl ismi Samandar. U katta bir shaharning nufuzli universitetlaridan birida adabiyotdan dars beradi. Yoshi elliklarda, sochlariga allaqachon oq oralagangina emas, balki qoralari bilan aralashib-quralashib ketgan...
— Iya, bu yogʻi qandoq boʻldi? — deya e’tiroz bildirishingiz tayin, oʻquvchim. — Siz axir ishq-muhabbatdan hikoya qilmoqchi edingiz-ku, qahramoningizning boʻlsa yoshi bir joyga borib, boshini qirov bosib qolibdi?..
— Hamma gap shunda-da, — deyman javoban men Sizga. — Axir bunday boʻlmaganda men yurak yutib sizga bir soʻz demoqqa jur'at etarmidim? Hamma gap ana shu boshini qor qoplagan, yoshi ellikni urgan Samandarning... allambalo qismatida, ajabtovur koʻnglida, koʻnglidagi hali-hanuz bosilmagan, bosilishi yaqin kelajakda kutilmayotgan olov — muhabbatning taftida... Siz shoshmang, meni ham shoshirmang, hammasini bir boshdan, bir kanordan aytib beraman. Shunda biz Samandarning tim qora sochlari shamollarda uchib oʻynagan yigirma yoshlik chogʻlariga ham duch kelamiz, sevgilisi bilan qoʻl ushlashib, sovuq hisob-kitobga oʻch dunyoning qilgʻiliklariga qarshi isyon etgancha ozod shamollar qoʻyniga qochib ketgan damlarini ham eslaymiz... Faqat shoshmang, meni ham shoshirmang...

Hozir esa uning yoshi ellikda. Ana oʻzi! Universitetdan qoʻlida papkasi bilan parishonxotir boʻlib chiqib kelayapti. Ana, har galgidek orqasidan bir talaba qiz shoshib kelayapdi:
— Domla, toʻxtang, soatingiz qolib ketibdi.

Samandar burilib qarab, qizga tashakkur aytdi, dars oʻtarkan, odaticha yechib, stol ustiga qoʻyadigan va koʻp bor unutib qoldiradigan soatini olib chap bilagiga taqdi. Soʻng yoʻlida davom etdi...

Hayhot, bu yoʻlning adogʻi bormikan? Buncha uzun boʻlmasa hijronning ushbu yoʻli?!.. Qariyb oʻttiz yildan beri tinimsiz, tinimsiz va yana tinimsiz bosadi Samandar uni, biroq arimaydi yoʻl qurmagʻur. Qariyb oʻttiz yildir Samandarning koʻzlari yoʻlning uzogʻiga qadalgan...Oʻttiz yildir, balkim bu yoʻllar oʻz yoʻlovchisidan zerikkandir, yillar ham toliqqandir, ammo qahramonimizning oyoqlari va koʻzlarida horgʻinlik sezilmaydi, harakatlarida ikkilanish bilinmaydi... Aksincha... aksincha, u oʻttiz yildir borgan sari oʻz ishqida qat'iy, oʻttiz yildir sevgilisi sari talpinadi, oʻttiz yildir uni kuylaydi, madh etadi, unga atab qasidalar bitadi, romanlar nashr etadi. Ishonmaysizmi, mana uning oʻziga — pulli toʻxtash joyidagi mashinasi tomon odimlab borayotgan Samandarga yaqinroq boring. Ha-ha, hadiksiramay boravering, yoʻqsa, bizni mubolagʻada, hayot haqiqatini buzib koʻrsatishda ayblab yurasiz... Unga qarasangiz-chi, aziz oʻquvchim, axir u hech kimga e’tibor bermay, papkasini qoʻlida siltagancha baland ovozda oʻz-oʻziga she’r aytib, talabalaru oʻqituvchilar, ishchilaru haydovchilar orasidan dadil odimlab borayotir:

Yoʻlchiman, manzilim dengizdan nari,
Lojuvard ufqning tubiga yaqin.
Koʻnglimda dardlarim daryodek oqin,
Chayqalar koʻzlarim tikilgan sari.
O, yoʻllar!
Chu, qora toychogʻim! Chu, qora yoʻrgʻam!
Murodga qasd qilib yugurgan yetur.
Boʻronni sevmasa, dil nechun tepur?
Tiriklik ne kerak bemehnat, begʻam?!
Chu, qora yoʻrgʻam!

Vo darigʻ, deyman menki, odam bolasi nahotki shundayin ishqqa qodir esa?! Nahotki bundayin ishqning oʻzi boʻlsa?! Axir zamonlar necha bor turlanib, rost tuygʻular ustiga yolgʻonlari qat-qat yotmadimi? Bani inson ham sotqin hislar ila til biriktirib, chinlarining qachonlardir mavjud ekanini, ularning bagʻrida oʻzini cheksiz saodatli boʻlganini unutib yubormadimi?!.. Vo darigʻ!.. Agar Samandarning qalbida haligacha oʻshandayin ishq baralla yashayotgan esa, Yaratganning oldidagi urvoqqina iymonim bilan qasamki, bu yigit koʻchani toʻldirib yurgan odamzodning qavmidan emas! Yoʻq!!! U oʻzga sayyoralikdek noyob biz uchun, bizning zamonlar uchun!..

Bu paytda Samandar mashinasining oldiga yetib kelib, eshigiga kalit solib ochayotgandi... Ochdi, qoʻlidagi papkasini yonboshdagi oʻrindiqqa tashladi-da, ketidan oʻzi ham choʻkdi. Rul chambaragini quchgancha uzoq muddat shu koʻyi oʻtirib qoldi. Nihoyat, chuqur xoʻrsingancha, motorni yoqdi. Soʻng tez qoʻzgʻalib uyiga yoʻnaldi. Faqat shu lahzada, aziz oʻquvchim, gaplarimga kirib unga ergashgan, uning yonida boʻlganingizda edi, yarim ochiq oynadan ogʻzidan chiqqan boyagi she’rning parchalari qulogʻingizga chalinib qolardi:

Murodga qasd qilib yugurgan yetur,
Boʻronni sevmasa dil nechun tepur?

Chu, qora toychogʻim? Chu, qora yoʻrgʻam!..

Ajab, mashinasiga endi e’tibor qilibman, uning rangi xuddi she’rdagi yoʻrgʻanikidek tim qora ekan...

3

Samandar haqida bas endi, yozuvchim! Tarozuning ikkinchi pallasiga nazar tashlashning fursati yetdi, chogʻi. Samandarni qiynayotgan, necha oʻn yildan buyon xayolini tag-tomiri bilan sugʻurib olgan va shu yurak umri davomida oʻziga mangu mixlab olgan borliq — xudoyimning ajoyib yaratigʻi — Sabo toʻgʻrisida yozish vaqti keldi, axir! Sabo, Sa-bo!.. Bu ismni aytgani sari odam beixtiyor parvozga shaylanayotgan qushdek yengil sezadi oʻzini. Yoʻq, u aynan mana shu qush yangligʻ parvoz qiladi ham. «Sa...»; deganda hushyor tortadi, «bo!»; deganda koʻkka qarab shaylanadi, qushdek parillab uchadi, uchadi, uchaveradi... Sabo samoga boradi, unga qoʻshilib singib ketadi. Soʻng siz ajratolmay qolasiz — sabo qaydayu samo qayda?

Boʻldi, boʻldi, boʻldi!.. Sizning achib koʻpchigan xamirdek yoyilgan miyigʻingizni va undagi achchiq kinoyani koʻrib turibman. Bilaman, siz bilan biz oʻz zamonamizning farzandlarimiz. Zamona esa sal avval yozganimizdek, sevadigan, seviladigan emas. Yorini ismini talaffuz qilganda qalbi qushdek osmonda charx urib uchadigan odamlarni hayotimizda uchratmaganmiz balki. Shuning uchun ham «Sabo!»; deya yoki boshqa bir ismni aytib, qulogʻimiz ostida bong ursalar-da bir seskanib qoʻymaydigan holga tushib qolganmiz va bundan albatta gʻururlanamiz. Bizning qahramon esa nodir kishi! Shu ma’noda u bu dunyoning, bu zamonning farzandi emasdek. U oʻz ichki olamining — koʻnglining bolasi. «Sabo!»;, deya uygʻonadi u, «Sabo!»; deya koʻz yumadi ham. Uning bismillosi — Sabo, tavbasi — yana Sabo...

Bu-da erish tuyuladi siz bilan bizga. Lekin na chora, sevgi, chinakam muhabbat shunaqa boʻladi shekilliki, ba’zan sevishganlarning xatti-harakatiyu bir-birlariga aytayotgan izhori dillari bizning — oddiy odamlarning nazarida shakkok¬likdek boʻlib tuyuladi...

Oʻshandayam ayni bahor chogʻi edi... Atrof endi tetapoya boʻlib, tilga kirayotgan boladek shirin va jozibali mohiyat kasb etayotgan diltortar palla. Bunday vaqtda, odatda, talabalarning koʻzlari deraza ortiga mixlangan boʻladi. Endi nish urgan, tepasida asalarilar uchib qoʻngan oʻrik va shaftoli gullarida, xayollari ham shunga monand qayoqlardadir — olis-olislarda qochib yuradi. Oʻqituvchining, — ming qilsa ham, hisobsiz pedagogik mahoratining yaltiroq, koʻz va quloq chalgʻituvchi qogʻozlariga oʻrab chirmasa ham, baribir, — aytgan gaplari, oʻqigan ma’ruzasi vujudlarida yoshlikning qaynoq va sarguzashttalab qoni yangi vulqonning lavalaridek qaynab turgan yigitu qizlarning quloqlarining bunisidan kirib, unisidan chiqib ketadi.
— Tezroq ta’tilga chiqsag-u, — Saboning yelkasiga esnagancha boshini qoʻydi dugonasi Nazira.
— Shahlo qani? Bugunam kelmasa, zerikib oʻlamiz ikkalamiz... — dugonasining boshiga boshini asta urib dedi Sabo.
— Qanaqadir bir domlaning darsiga ketgan boʻlsa kerak. Oʻtgan hafta ham shunday boʻluvdi, esingdami? — ma’ruza oʻqiyotgan oʻqituvchining oʻziga qarab-qarab qoʻyayotganidan sergak tortib, boshini koʻtardi Nazira.
— Ha, kim ekan u domla, buncha qiziqmasa?..
— Adabiyotdan kiradi. Kelishgangina... — Oʻqituvchining hadeb oʻzlariga qarayotgani tufayli lab-lunjini toʻgʻrilab, ma’ruzani eshitib, yozib borayotgandek daftariga engashdi Nazira.
— Fuuu, Shahloning yigiti bor-ku, boshiga uradimi oʻqituvchini?..
— Darsiga qiziqayotgandir...

Ikkala dugona bir-biriga qarab qiqir-qiqir kulishdi...
— Fayzieva!.. Yoningizdagi oʻrtogʻingizni olib, tashqariga chiqib keting?... — Oʻqituvchining dagʻdagʻali ovozi yangradi havoda. Sabo bilan Nazira birdan jim boʻlib boshlarini egib olishdi.
— Kutyapman, darhol chiqib ketinglar!.. — oʻqituvchi soʻzida turib oldi, — darsni toʻxtatib qoʻydinglar. Qani, tez-tez!

Dugonalar noiloj sumkalarini yelkalariga ilib, auditoriyani tark etisharkan, u yer-bu yerdan qizlarning qiqir-qiqir kulgani eshitildi. Sabo orqasiga oʻgirilib tilini chiqardi-da — «Vuvv!»; deya ermak qilgancha eshikni qarsillatib yopdi...

4

Samandar yotoqxonaning devorlari uniqiblar ketgan xonasida daftarga nimadir yoza boshladi. Uzoq yozdi. Oʻchirdi. Yana yozdi... Nihoyat, yozganini ovoz chiqarib oʻziga oʻzi oʻqiy ketdi:

Men sendan oldin xudoyimning dargohiga boraman, inshaolloh! Chunki qalbim sezadi buni... shunda, bilasanmi, ustingdan naq xudoning oʻziga arz qilaman: "Men uni oʻlgunimcha sevdim, butun borligʻim bilan, eng soʻnggi hujayralarimgacha unga talpindim, uni dedim, uni alqadim, uni kutdim... Lekin... lekin u kelmadi: Ishni bahona qildi, udumni, qarindosh urugʻlaru doʻst-birodarlar gap-soʻzlarini bahona qildi... Xullas, oʻz sevgisi uchun hech nima qilmadi, kurashmadi, kelmadi... Holbuki, bu yoqda mening koʻzlarim kutaverib teshilib ketgandi, kuch-quvvat, sabr-toqatgina emas, qurb... qurbim ham qolmagandi, bitib sob boʻlgandi. Men quruq savlatim bilan qolgandim. Turgan men emas, balki burungi Samandarning soyasi edi. Biroq, baribir kutaverdim. Kutishda va umid qilishda davom etaverdim. Kelmasligini bilardim, lekin taqdirdan moʻ'jiza kutardim, eshityapsanmi, moʻ'jiza!..

Kelmasligim bilsam-da, axir,
Kutaverib koʻzim teshilar.
Qaydan menda bu savil sabr? -
Azoblarim ming bor eshilar...
Tun oqarmas — borar quyuqlab,
Borgan sari men-da ojizman.
Faqat birdan boʻzargan ufqday
Sodir boʻlsa deyman moʻ'jiza...
Sodir boʻlmas biroq moʻ'jiza...
Shunday qilib, men seni Xudoga aytaman, shikoyat qilaman ustingdan, eshityapsanmi?...
Seni kutdim... koʻzlarimda yosh...
Yosh demaki, soʻnyotgan quyosh...
Olamlarga borar yoʻlimsan,
Yurak bagʻrim, oyoq-qoʻlimsan.
Tushunmaysan faqat koʻnglimni,
Yovuq kelgan mehmon — oʻlimni...
Shundan ichda faryodlar oʻsar,
Oʻsib meni olamdan toʻsar...
Zulmat choʻksa bir kun dunyoga,
Arz etgumdir, bilgil, Xudoga...

Ha-ha, arz etaman. Arz etib, aytamanki, bu qizni nigohimdan uzoq qilma, toki uni yana sevish mumkin boʻlsin, qaerda boʻlmayin, ruhim qay dunyoga oqib bormasin, sevib oyoqlariga yiqilish, boʻzlab ogʻriqlarimni — faryodlarimni aytish saodati meni tark etmasin!.. Mayli, u menga boqmasin, parvo etmasin, lekin uni nomavjud etma... Uni koʻrib, his qilib turish baxtidan meni mahrum qilma, Parvardigor!.."

5

«Men seni sevaman! — dedi xayolan derazadan pastdagi oʻrikning oq pushti ranglariga boqib turgan Samandar Saboga murojaat etib. — Sen mening borligʻimsan, bu dunyoga kelib topganim yagona javohirim — sensan! Agar qachondir hech vaqosiz qolsam, yoʻqotganim ham sen boʻlasan! Bu navosiz dunyoda, hayot va xayollarimda, tilim va dilimda yangragan birdan bir navom ham, otam va onamdan, tugʻilgan goʻshamdan ayro tushib, shafqatsiz turmushimdan, doʻstu birodarlarimdan achchiq zarba yeb, qayon borishimni bilolmay, hatto xayolan qochib borib, bir yutum taskin simiradigan joy topolmay oʻrtanib qolganimda... kutilmaganda yoʻlimdan paydo boʻlgan najot farishtasi, ozurda boʻlgan yuragimni qoʻyarga yakkayu yagona ma’vom ham oʻzingsan!.. Seni koʻrish uchun qaboqlarimni ochishga hojat yoʻq. Chunki senga talpingan, seni istagan yuragim seni dunyoning changalidan — tashqaridan yulib olib, ichkariga yashirgan. Qorachigʻlarim oʻrnida jilvalangan soʻnmas quyosh, aslida, sen!.. Olamga boqsam, senga qoʻshilib nurlanib ketaman. Olam ham oʻsha nurga chulgʻanadi. Shuning uchun men qilayotgan ishimga, yashayotgan kunimga tahrir kiritmoqchiman: »;Muhabbat darsi«ni oʻtmoqchiman. Ha-ha, aynan, oʻshani — »;Muhabbat darsi«ni! Shu tobda koʻzimga boshqa narsa ilashmayapti. Qalbim, aqlim, vujudim... hamma-hammasi faqat seni deyapti, »;Sen!« deyapti!.. Togʻlardan toshlarga urilib oqib tushib kelayotgan soy boʻyida oʻtirganmisan?!.. Shunda eng avvalo hisobsiz shakl va ranglardagi toshlarga urilayotgan suvning shovullashi e’tiboringni tortadi. Bu shunchaki shovullash emas, balki asrlar osha yashab kelayotgan togʻlarning koʻngil nidosi, sirli qoʻshigʻidir. Sen ham mening ana shunday qoʻshigʻimsan! Toki tirik ekanman, sen ham xuddi togʻlar bagʻridan soʻkilib tushayotgan va qoʻshiq boʻlib shovullayotgan soy yangligʻ yuragimdan sitilib oqaverasan, sevgilim!!..»;

Samandar boshini shirin xayollardan boʻshatdi. Simkaravotga uzandi. Keyin turib oʻtirdi. Koʻzlarini chippa yumib, kallasini sarak-sarak qildi, soʻng keskin silkitdi — goʻyo bu harakati bilan «Sabo»; deb atalmish totli ogʻushdan oʻzini tamoman xalos etmoqchidek boʻldi. Keyin asta qoʻzgʻalib, tagʻin deraza qarshisiga kelib, tashqari boqdi. Yettinchi qavatdan atrof kaftdagidek aniq koʻrinardi; daraxtlar xuddi poyida toʻlgʻanayotgandek shamolda silkinib turar, olovrang quyosh cheksizlikka choʻkib borar, unda-bunda dam olish kunida tashqari chiqqan oʻqituvchi, aspirant va talabalar hafsalasizgina odimlardi. U uzoq muddat deraza qarshisida tubsiz xayollariga tolgan koʻyi ummonga langar tashlagancha turib qolgan kemadek tek qotdi. Soʻng shundoq yonboshdagi stol ustiga egilib, yana nimalarnidir yozdi, yozaverdi...

Birpas oʻtgach, qaddini koʻtardi, qoʻliga endigina yozgani bir varoqni olib, xonaning u chetidan bunisiga qadam bosib baland ovozda oʻqidi:

^Tubanda shovullar daraxtzor,

Poylarimda botadir quyosh...
Kutayapman, baribir, takror...
Tugayapti togʻdek bu bardosh!..
Faqat yurak hamisha bola —
Har lahzada mangu yasharman!
Men bilaman — oʻlmasman aslo,
Men sogʻinchman, oʻlim-chi — Vatan!..

Hamon xona ichra chir aylanib yurarkan, Samandar qoʻlidagi qogʻozni stol ustiga tashladi-da endi yana-da baland ovozda she’rni yoddan oʻqiy ketdi. Keyin yana, yana oʻqidi. Nihoyat, oxirgi misrada toʻxtalib, takrorlay boshladi:

«Men sogʻinchman, oʻlim-chi — Vatan!»;
«Men sogʻinchman, oʻlim-chi — Vatan!»;
«Men sogʻinchman, oʻlim-chi — Vatan!..»;

Samandar keskin harakat bilan oʻzini karavotga otdi. Yuzlarini yostiqqa bosgancha ovoz chiqarib dedi: «Unda muhabbat nima boʻladi? Axir, endigina »;Muhabbat — mening boru yoʻgʻim, oʻzimni qoʻyarga joyim, birdan bir maskanim!« deya shirin xayollarga berilgandim-ku!.. Qaerdan keldi bu... oʻlim?.. Nega uning oʻrniga muhabbat soʻzini qoʻya qolmadim? Men sogʻinchman, muhabbat — Vatan!»; yoki «Muhabbatim, ey cheksiz Vatan!»; deya olmadim. Nega tilimga shu dahshatli soʻz — oʻlim qalqib chiqdi! Nega, nega, nega!?!.. — u shiddat bilan oʻrnidan sapchib turdi-da, xona ichida boyagidan ham tezroq aylana boshladi.
— Yoʻq, yoʻq, boʻlishi mumkin emas! Men muhabbat bilan yonayotgan bir damda oʻlimning xayolimga, aql va yuragimga bostirib kirishi mumkin emas. Bu — axir, adolatsizlik! Oʻlim! — deya birdan toʻxtadi xona oʻrtasida Samandar. —Muhabbat!.. Oʻlim bilan muhabbat... Bu ikki olam oʻrtasida qanday bogʻliqlik boʻlishi mumkin? Ularning qay bir qirrasida shunday bir koʻprik borki, biridan ikkinchisiga oʻtish mumkin boʻlsa? Ha-ha, oʻlimga hali bor, oʻlish uchun ham insonning ma’naviy haqqi boʻlmogʻi shart! Shundoq — onadan qanday tugʻilgan boʻlsang, oʻshandayligingcha — xomligingcha oʻlimning qarorgohiga kirib borish — uyat! Ungacha odam degani uzun va mashaqqatli, sharafli va sururbaxsh yoʻlni bosib oʻtmogʻi lozim... Xoʻsh, bu yoʻlning ismi nima? Oʻsha emasmi koʻprik degani? Nahotki... nahotki muhabbat boʻlsa? Ha-ha, u — muhabbat-da! Faqat shu yoʻlni bosib oʻtgan insongina oʻlimga tayyor boʻladi, faqat sevgan va sevilgan koʻngil, ishq olovida oxirgi hujayrasigacha lovullab yongan kishigina oʻlimga tik boqa oladi... Oʻlim!.. Oʻlim... Ehtimol, fursat kelib, inson oʻlimni oʻldirib — mangulikka yoʻl solar... Unda nima boʻladi? Dunyoda faqat bir yumush — Muhabbat qoladimi?.. Agar odamzot oʻlmaslik yoʻlini qilsa — qarib-chirigan badanni libos yangligʻ boshqasiga almashtirib ketish hiylasini topsa, Xudoga nima boʻladi?!.. Axir, kishilarning Yaratganga hech qanday ehtiyoji qolmaydi-ku! Olloh parchalanib, ma’joziy-ramziy emas, toʻgʻridan-toʻgʻri ma’noda har bir odamning yuragiga joylashmaydimi unda?!.. Inson chinakamiga hur boʻlib, oʻlim va qabr dahshatidan, kasallik va ojizlik changalidan ozod boʻlmaydimi?..

Toʻxta!.. Toʻxta, deyman Samandar! Biz hali uzoq kelajak haqida bugunning ma’rifati darajasida turib bundayin keskin fikr yuritishga tayyor va haqdor emasmiz. Garchi, aytilganlarga oʻxshash nimadir sodir boʻlishi muqarrar esa-da, mening ayni tobdagi vazifam — ayni damdagi ma’rifat saviyamga uygʻun kelmogʻi shart. Aks holda «Men ne deymanu qoʻbizim ne deydi?»; holiga tushmogʻim tayin. Soʻzni uzatmay dangal aytishim va qilishim mumkin boʻlgan bugungi ishim esa bitta, u ham boʻlsa — IShQ! Oʻlimgacha mening birdan-bir yumushim shu, ishqdir!.. Oʻlim kelgach, men uchun hamma ishni uning oʻzi bajaradi. Aytadilar-ku, biz bor ekan oʻlim yoʻq, oʻlim kelgach esa biz yoʻq, deb. Bas, shunday ekan, Samandar, sen oʻzingni muhabbat sari ot, muhabbatdan soʻyla, sevgingni, mahbubangni, tarannum et. Qolgan barchasi yolgʻon va keraksizdir yumushdir ushbu damda...

6

Qancha koʻp yashaganing sari hayotning ma’nisi ham sendan shuncha uzoqlashib boraverar ekan. Aslida, goʻyo ma’ni sari yoʻlga chiqqansan va oʻtib ketayotgan har bir kuning seni oʻsha manzil tomon eltishi lozim edi. Biroq tirishib oldinga intilishing barobarida manzil ham sendan yiroqlashib borayapti-ku... Ha-ha, aynan shundoq boʻlayapti. Buni qanday tushunish mumkin?..

Tushuntirib oʻtirishning hojati yoʻq. Hammasi erib ketdi yoki tumandek tarqab ketdi. Bir-biriga oʻxshagan kunlar yeb bitirdi orzular togʻini...

Bir-biriga oʻxshagan kunlar,
Yuragimni sovutib borar,
Bir-biriga oʻxshagan kunlar.
Orzularim togʻ qadar edi...
Keyin esa uni yeb qoʻydi,
Bir-biriga oʻxshagan kunlar...
Xayol surmay qoʻydim birodar,
Tasavvurlar turmushrang boʻldi...
Qoʻrqadurman endi ertamdan.
Musichaning «ku-ku»;lariyu,
Qargʻalarning «qagʻ-qagʻ»;lari ham,
Bir xil, bir xil taralar koʻkda.
Ulgʻayishni orzu qilgandim,
Tushlarimda endi bolalik...
«Najot, najot!»; deydi majruh ruh...
Hammasiga roziman, faqat
Muhabbatim qaytib bersang, bas,
Bir-biriga oʻxshagan kunlar!..
Bir-biriga oʻxshagan kunlar,
Yuragimni sovutib boʻldi,
Endi esa ovutmoq istar...

Azim daryo edi u. Toʻlib toshib oqayotgandi. Sohilidagi butun bir vohaga hayot baxsh etib, oʻzi ham bundan yayrab-yashnab borayotgandi. Biroq birdan tinib qoldi... Qargʻish tekkandek toʻxtab qoldi bu asov daryo. Ha-ha, aynan qargʻish tekkandek. Yoʻqsa, nima jin urdiki, oqib kelgan, oqib turgan daryo he yoʻq, be yoʻq tuyqusdan oqmay qoʻysa...

Hammasi iziga tushib borayotgandi: shaxsiy hayoti ham, kasbiy muammolari ham. Hatto yaxshi-yomon kunlarda suyansa boʻladigan oshna-ogʻaynilar saralanib, aniq-tiniq yuzaga chiqib qolgandi. Xullas, risoladagidek kecha boshlagandi uning, siz bilan bizning qahramonning kunlari. Lekin... kutilmaganda hammasi sarobga aylandi yoki mavjud narsalar oʻz oʻrnini yoʻqotmagan esa-da, ayni chogʻda hech qanday ahamiyat ham kasb etmay qoʻydi. Ular bor edi. Bor ediyu, qaxramonimiz Samandarning koʻnglini zarracha quvontirmas, unga tasalli va darmon boʻlolmasdi endi... Tavba, bundan chiqdi, atrofimizdagi narsalar oʻz-oʻzicha qadr-qimmatga ega emas ekan-da, ularni sevimli va aziz qilayotgan, qandaydir qadr yuklab, mazmundor qilayotgan bizning oʻzimiz ekan-da!..

Toʻxta ey sen, Yozgʻuchi! Muncha oshiqmasang, muncha hovliqmasang! Hammasini bir boshdan boshlash kerak. Shoshilmasdan, bir-biriga qorishtirmasdan. Yoʻqsa, dardingni na tushuntirib oʻzgaga, na undan qutulib oʻzingga rohat bera olasan... Axir bu ketishda sen oʻz tuygʻularingga tiqilib qolasan-ku! Ularning hammasi birvarakayiga sening boʻgʻzingga sigʻmaydi... Shuning uchun shoshilma, bir boshdan va asta-asta hikoya qilki, nihoyada ham oʻzing sogʻ qolgaysan, ham oʻquvchini asragaysan...

7

Garchi hali bir marta ham yerga qor tushmagan esa-da, allaqachon qish kirib kelgan, havolar fufayka kiyib, qalin paytava oʻrab etik kiyish uchun yetarlicha sovigan, suvlar muzlagan, koʻkda koʻchmanchi qushlarning xayrlashuv qoʻshiqlari allaqachon tugab, qargʻalarning qagʻillab qolganiga koʻp boʻlgan edi. Lekin... lekin mingtepaliklar paxta dalalaridan hanuz chiqqani yoʻq. Shu tobda paxta nima qiladi, demoqchi boʻlsangiz, biz bajonidil hokimtoʻralar manzilini koʻrsatib yuborishga tayyormiz. Magar bunday «noma’qulchilik»;ni oʻzingizga ep koʻrmasangiz hamda hali ham hikoyamizdan zerikmagan boʻlsangiz, shaharda kiyiladigan olifta va nafis liboslaringizni qishloqboblariga burningizni jiyirmaygina almashtiring-da, yuring biz bilan oʻsha izgʻirinli paykallarga! Zero, mingtepaliklarning oʻzaro suhbatida ham har qanday fikrlovchi kishini oʻziga rom qiladigan, oʻylatadigan, nihoyatida oʻz hayoti ustida bosh qotirishga undaydigan nimadir bor! Yuring, doʻstim, oʻsha «nimadir»;ni bilish uchun qimmatbaho ipak boʻyinbogʻlarimizni bir kunga yechib, sigaret va tuvak gullar hidi tutib ketgan issiq xonalarimizni bir zumga tark etib, hech bir inson zotiga yarashmaydigan kibr-havoni unutib... anavi egatlarga paxta koʻchatlaridek sochilib ketgan, bir paytning oʻzida ham quvnoq, ham gʻamgin, ham kuldirib-kulib charchamaydigan, ham dardini aytib, yigʻlab ado qilolmaydigan dilkash yurtdoshlari¬mizning qoshlariga boraylik...

Bir-birlarimizning sovuq va hissiz hisob-kitoblar zahmatlarida tirriq boʻlib qolgan angorimizga boqa-boqa zerikkan, toliqqan qalb koʻzingizni endi kiyim boshi butunlay sidirib olinib, qahraton qishning qahrli qilichidek tik turgan novdalaridan sirgʻatib tushiring-da, terishga paxta, shu bilan birga buni gapirishga, tushin¬tirishga huquqi ham yoʻqligidan u yer-bu yerda fartuklarining ustiga omonatgina choʻkib turgancha inson qalbini, uning nozik hislarini mushohada tarozusiga qoʻyib koʻrayotgan mingtepaliklarning yuragiga boshlangki, aynan shu yerda bir umr izlab topolmaganingiz tiriklik ma’nisiga urilib ketsangiz, ajab emas!..
— Men Nodir aka va Nilufar opalar oldida boshimni egib ta’zim qilaman, lekin ularning qilgan ishlarini oqlamayman, — derdi Aziza qizishib, — axir ota-onasini butun qishloqning koʻzi oʻnggida uyatga qoʻyishdi...
— Buning nimasi uyat, Aziza, men tushunmayman!? — e’tiroz bildirardi Samandar qizdan koʻproq toʻlqinlanib. — Qaytaga menga qolsaydi, oʻzbek yigiti Nodir va xoʻja qizi Nilufarga atab mamlakatning oʻrtasida haykal oʻrnatardim.
— Yoʻq-yoʻq, boʻlmaydi! — keskin soʻzladi Aziza. — Qanaqa qilib, nimaga asoslanib? Siz shu xalqning orasida yashayapsiz, uning tuzini ichyapsiz, uning qoʻlida voyaga yetyapsizmi, oʻrni kelganda hurmatini ham joyiga qoʻyib qoʻying-da, doʻstim.
— Hurmat qilish bilan koʻr-koʻrona buysunish boshqa-boshqa narsalar, Aziza! Tushunsangiz-chi, Nodir bilan Nilufar oʻz ota-onasi yoki oʻz xalqining odatlariga qarshi chiqqanlari yoʻq, bu narsalar ularning yetti uxlab tushlariga ham kirmagan. Ular bor-yoʻgʻi bir-birlarini yaxshi koʻrishgan. Sevgi gunohmi?..
— Gunoh! Agar u ota-onaning istaklariga zid boʻlsa, urf-odatlarimizni oyoq osti qilsa, qavmu qarindoshning yuzini yerga qaratsa!..
— Siz... oʻzingiz Nilufarning oʻrnida nima qilgan boʻlardingiz?

Kutilmagan qaltis savoldan Aziza dovdirab ketdi, yuzlari duv qizardi, kipriklari pirpirab uchdi...
— Men... Men... xoʻja qizi emasman-da...
— Tushunib turib gapni chalgʻitmang, Aziza! — qat'iy turdi Samandar.
— Men... Nilufar opaning oʻrnida koʻrpamga qarab oyoq uzatgan boʻlardim.
— Ya’ni?
— Ya’ni... — oʻsmoqchiladi Aziza, — ya’ni hech qachon Nodir akani sevib qolmasdim.
— Qanaqasiga? Yurakka buyruq berib boʻlarkanmi? — hayron boʻldi Samandar.
— Ha, boʻladi. Chunki qorachalardan boʻlgan Nodirga meni bermasliklarini bilib turib, yana uni yaxshi koʻrishim mumkin emas! — qat'iy dedi qiz.
— Sizningcha, sevgini ham boshqarsa boʻlarkan-da... — oʻzicha mushohada qila boshladi Samandar, — men negadir boshqacha oʻylarkanman.
— Qanaqa? — qiziqishini yashirib oʻtirmadi Aziza.
— Aniq bir nima aytolmayman, lekin chinakamiga sevib qolgan odam devonaga oʻxshab qolsa kerak, deb bilaman negadir. Layli va Majnunni eslang. Ular sevgi yoʻlida na zeb-ziynatni va na mansab-mavqeni oʻylashdi, kelajaklarini choʻtga solib koʻrishmadi. Chunki ular yuraklarini emas, yuraklari ularni boshqarar edi...
— Keyin nima boʻldi, ikkalasi ham oʻlib ketishdi-yu yorugʻlik koʻrmay. Bu yoqda ota-onasi, qarindoshlari... Qoʻysangiz-chi, Samandar, bunaqa sevgining kimga keragi bor?..

Samandar bir muddat indamay turdi-da, soʻng past ovozda she’r ayta boshladi:

Koʻnglim gʻam ila toʻq ayla, yo Rab!
Ishq ichra meni yoʻq ayla, yo Rab!
...Layli ishqin tanimda jon qil,
Layli shavqin rangimda qon qil.
Dardini najotim et, Ilohiy,

Yodini hayotim et, Ilohiy!..
— Samandar, axir sevgida Layli va Majnun boʻlish qiyin. Keyin ular oʻtgan zamonlarda yashashgan, — otdan tushsa ham egardan tushgisi kelmasdi Azizaning.
— Nima qibdi oʻtgan zamonlarda yashagan boʻlsa, Aziza?
— Hozir unaqa sevgining boʻlishi... bilmadim... mumkin emasdek tuyuladi menga. Qolaversa, Layli-Majnun kitobda bor, hayotda emas.
— Nodir bilan Nilufar-chi, ular ham kitobdami? — Samandar Azizaga nihoyat taslim qildim degandek gʻolibona qaradi.
— Ular ham xuddi Layli va Majnundek sevgi yoʻlida oʻlib ketishdi-ku! Buning nimasi yaxshi!?
— Nimasi yomon, Aziza! Muhabbat uchun aslida oʻlish emas, yashash kerak. Lekin na iloj, oshiq va ma’shuqlarning peshonasiga oʻlim bitilgan boʻlsa?
— Mayli, Samandar, sizni gap bilan yengib boʻlmaydi oʻzi. Lekin baribir, men ham oʻz soʻzimda qolaman: yigitdir, qizdir, hamma bu dunyoda oʻziga mosini topib yaxshi koʻrishi kerak, boʻlmasa... — fikrini chala tashlab xayolga berildi Aziza.
— Nima boʻlmasa, Aziza?..
— Boʻlmasa, boʻlmaydi, Samandar! — nigohini yerdan olib yigitning koʻziga tikdi qiz...

Samandar oʻziga qadalgan nigohning zalvorini uzoq vaqt oʻz koʻzlarida ushlab turolmay, beixtiyor atrofga qaradi. Lekin ichida nimadir «shuv»; etib ketdi. Yuzlari bir oʻzgarib oldi...
— Muhabbat... kishiga baxt keltirishi kerak, — oʻrtaga choʻkkan jimlikni buzib tilga kirdi Aziza, — agar keltirmasa, aql-idrokka suyanib undan voz kechiladi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, Samandar, ikki kishi bir-birini sevsa-yu, bu tuygʻu ularga faqat kulfat, alam va nadomat keltirsa, buning nimasi yaxshi? Sevgi ham aslida odamlar uchun, ularning baxtu saodati uchun, toʻgʻrimasmi? Shunday boʻlgach, nega endi u insonga xizmat qilib, koʻnglini ovlashning oʻrniga, mudom unga gʻussa keltirishi kerak?.. — Aziza shu taxlit yana uzoq vaqt oʻz qarashlarini bayon etdi, lekin ular Samandarning qulogʻiga ortiq kirmas, aksincha, u xayolan Majnunning qiblaga yuzlangan holda Ollohga yigʻlab qilgan iltijolari bilan birga yashardi:

Layli ishqin tanimda jon qil,
Layli shavqin rangimda qon qil.
Dardini najotim et, Ilohiy,
Yodini hayotim et, Ilohiy!..

Shu payt yigitning xayolida bir zumgina notanish bir pariroʻy, goʻzal bir mahvashning dilrabo liqosi jonlandi. U buning nima ekanligini tushunmadi: xayolmi, tushmi va yo boshqa bir narsa? Ammo uni aniq koʻrdi! Yoʻq, u kitoblarda ming bir qiyofada tasvirlangan Majnunning Laylisi emasdi. Toʻgʻri, qaeridir oʻxshardi, qizning nigohlari qa’rida nimadir, qandaydir jununvash oʻt uni Layliga monand aylardi, ammo uning oʻzi boshqa edi, Laylining oʻzginasi emasdi. Samandar koʻziga koʻrinib, soʻng yana shunday xizda gʻoyib boʻlgan oyruxsor qiz Xudoyimning tamoman boshqa yaratigʻi edi...

8

Muhabbatni Odam Atodan qolgan deyishadi. Muhabbatni Odam Ato zamonidan beri alqashadi. U haqda uzundan uzun, shirindan shirin, achchiqdan achchiq dostonlar bitishadi, yod olib kuylashadi, kuylab yigʻlashadi. Davrlar oʻtdi, odamlar, ular yashaydigan tuzumlar oʻzgardi, lekin muhabbat oʻzgarmadi. U oshiq va ma’shuq qalbini yana avvalgidek larzaga solishda davom etaverdi. Tosh asridan beri har yuz yilda aftu angoridan tortib kiyim boshiyu yashash tarzigacha oʻzgarib-turlanib kelayotgan inson aynan shu yerga — muhabbat chegarasidan oʻtganda goʻyo «soqov»; boʻlib qolayotgandek: uning ming yillar mobaynida toʻplagan ilmu amali hech vaqoga yaramayotgandek: inson xuddi gʻorlarda yashagan bobokaloni yangligʻ hushi boshidan uchib sevayotgandek... dunyolarni unutarchasiga bu sehrli gʻussaga mubtalo boʻlayotgandek...gohida...

Vomiq va Uzro, Tristan va Izolda, Tohir va Zuhro, Romeo va Juletta, Layli va Majnun, Otabek va Kumush... buning kabi yana oʻnlab ishqiy dostonlar muhabbat sharafiga buyuk odamiyzot koʻtargan goʻzal qadahlar emasmi?! Ey, koʻngli pok, koʻzi pok oʻquvchim! Mingtepaliklarning mana bir necha yildan beri tillaridan tushmay kelayotgan Nodir va Nilufar qissasi esa ana oʻsha dostonlar silsilasidagi bitta moʻjaz halqadirkim, undan boxabar boʻlmay turib, qahramonlarimizning yuraklariga yaqinlashmoq mudhish gunohdek koʻrinadi bizga. Ta’bir joiz boʻlsa, ushbu qissani hikoya qilmoq va uni tinglamoq muqaddas sajdagohni ziyorat qilishdan oldin oʻqib olinadigan ikki rakaat namozdir goʻyo!.. Mingtepaliklarning texnika asrida qurum bosib qolayozgan qalblarini titratib, togʻlar havosidek toza nafasda bir chayib olgan sevgi qissasi ham salaf dostonlarek mahzun va sohir jaranglaydi!.. Lekin dunyoga va uning tuganmas hoyu havaslariga tupurib, yuzini qiblaga burib, Yaratganga iltijo etayotgan devonadek oʻz dardini hikoya qilayotgan roviyni eshitar ekan, ajab emaski, tinglovchining yuzlarida bir qarashda manguga muhrlangandek tuyulgan asriy muzliklar asta eriy boshlaydi... Ajab emaski, toma-toma koʻl boʻlur deganlaridek, tomchi-tomchi erish ham insoniyat qalbidagi ming yilliklarda paydo boʻlgan muz togʻlarini tashqariga surib yuborsa!.. Hay, mayli, «Bismillo»;ni aytaylik-da, vujud koʻzlarimizni yumaylik, zora quloqlarimizga kirgan muhabbat ertagi ila qalb koʻzlarimiz ochila borsa...

9

Ular bir qishloqning farzandlari edi. Ustiga ustak yonma-yon qoʻshni. Yigit dalaga ketayotib ham, qaytayotib ham goh eshik-yalangga suv sepayotgan, goh uni supirib, sidirayotgan, goh kichik ukasini koʻtarib ovutayotgan, goh boʻyi yetib qolgan dugonalari bilan ariq boʻyida chaqchaqlashib turgan holda koʻrardi. Hammasi birdaniga emas, balki sekin-sekin boshlandi. Xuddi yurtga koʻklamning bildirmaygina kirib kelganidek. Ular bir-birlarini bolalikdan bilishardi, lekin vaqti kelib boshlariga mana shunday umumiy gʻavgʻo — ishq savdosining tushishi hech birining xayoliga kelmagandi. Ehtimol, sevgining qudrati, sehri va jodusi shunda: kutilmagan joydan hujum qilib qolishida hamdir!..
— Assalomu alaykum, Nodir aka, — Nilufar tashqarida — oʻzlari va Nodirlarning uylari oʻrtasidagi musluk tagidan paqirini oldi, — siz olvolaqoling, meniki shoshilinch emas.

Nodir alik olib, paqirini oqib turgan joʻmrak ostiga qoʻydi-da, qaddini tiklayotib minnatdorchilik bildirdiyu soʻradi:
— Dadang ishdan keldimi?
— Endi kebqoladi, — atrofni oʻz xushboʻyi bilan rom aylay boshlagan ariq qiyisidagi yalpizlardan koʻz uzmay javob berdi Nilufar.
— Institutga hujjat topshirmoqchiydim, bitta qogʻozga imzosi kerak boʻpqoldi, shuni maslahatlashmoqchiydim. Nima deb oʻylaysan, Nilufar, ishxonasiga borsammi yo uylaringgayoq kirib qoʻysammi? — toʻlib boʻlgan paqirini boshqasiga almashtirib qoʻydi Nodir.
— Ishxonasida odam koʻp boʻladi, uyga kira qoling. Qaysi oʻqishga topshirmoqchisiz, agar sir boʻlmasa?
— Huquqshunoslikka.
— Voy!.. — qiz «yalt»; etib yigitga qaradi. — Siz hammi?!..

...Vaqti-soati kelmaguncha koʻkdagi qora bulutlardan bir tomchi suv yerga tushmaydi. Zamin oʻz bagʻrini bahor quyoshida yetarlicha isitib olmaguncha biron giyoh undan bosh koʻtarib chiqmaydi. Toʻlib turgan piyolaga bir tomchi suvning tomishi uning toshib ketishi uchun kifoya... Xuddi shunday, qizning «yalt»; etib yigitga bir bor qarashi va «Siz hammi!»; deya hayrat va hayajon ichida unga savolchan tikilib qolishi ularning shu lahzadan keyingi hayotlarini ildizan oʻzgartirib yuborishi yaratganning oʻzidan boshqa kimning xayoliga kebdi, deysiz! Ha-ha, aynan shunday! Yoʻqsa, Nodir bilan Nilufar bir-birlarini endi koʻrib turgani ham, koʻzlari bir-birinikiga ilk bor tushib qolgani ham yoʻq! Lekin hammasi endi... ilk bor boshlanayotir... Nodirning — Nilufarga, «Ha endi, bir rahbarning nozikkina tannoz qizi-da»; deya hech qachon erkakning koʻzi bilan qaramagan yigitning tili endi goʻyo tushov solingandek tuzukroq aylanmas holga tushdi. Aylangani faqat boshi edi... Nigohlar... hech qachon, hech qaerda va hech bir holatda bir-birida toʻxtab qolmagan bu nigohlar endi biri ikkinchisining pinjiga kirib ketishga tayyor mazmun va mohiyat kasb etib, oʻz sohiblarining jinsiyu gʻurur-pururini unutgancha jodulangan kabi qotib turardi. Hayhot, yaratgan Egam, oʻzing tushuntir oʻquvchigakim, yoʻqsa, bu ojiz bandangning tili aylangani bilan, necha mahaldan beri soʻzni uzatgani bilan asl mohiyatga yaqin kelay demayapti. Ushbu tobda Nodir va Nilufar qalblarida nimalar sodir boʻlganiniyu, ular nechun qoʻqqisdan bir-birlariga sehrlangandek termulib qolishganini anglatib berolmayapti...
— Nilufar, qizim, suvni tezroq obkelmaysanmi, ovqatim tagiga obketdi-ku! — ichkaridan onasi Hilol opaning ovozi keldi.
— Voy, oʻlmasam!.. Nodir aka, maylimi suvingizdan olsam... — Nilufar yigitning javobini ham kutib oʻtirmay suv toʻla paqirning yarimini oʻzinikiga agʻdardi-da, darvoza tomon chopdi...
— Ha... — Nodir buni Nilufarning «Siz hammi?»; degan savoliga aytdimi yoki «Maylimi, suvingizdan olsam?»; deganigami, oʻzi ham bilmay, ayni paytda oʻz chelagida chaypalib qolgan suvga tikilgancha turardi...

10

Shundan keyin hammasi boshlanib ketdi. Qishloq emasmi, yil oʻtar-oʻtmas odamlar orasida rost-yolgʻon gaplar tarqaldi. Nima emish, «Nodir bilan Nilufar bir-birlarini koʻrmasa turolmaydigan boʻpqolishibdi, devormiyon qoʻshni boʻlgani Nodirga juda qoʻl kelibdi, uyda hech kim yoʻqligida diydorlasharmishlar, aysh-ishrat avjiga chiqarmish, Nodir Toshkenti azimdek uzoq joydan har oyda Nilufarni deb kelarmish, oʻqishida domlalari undan norozi emish, institutdan haydalishi ham mumkinmish, Kamol rahbarning yashamagur qizi Nodir oʻqiydigan oʻqishga kirarmish, eng muhimi, uning boʻyida bormish... vuy-y, ota-onasi nima degan odam boʻladi endi? Qishloq joyda qandoq qilib bosh olib yuradi? Tagʻin rahbar odam boʻlsa...»;

Ha, qoʻyib bersangiz, odamlar nimalarni javrab tashlamaydi, deysiz. Siz boshlab bersangiz, ya’ni mish-mish uchun sabab yaratsangiz bas, u yogʻini oʻzlari mustaqil davom ettirib ketishadi. Eslaysizmi, bir mashhur kinofilmda shoh huzurida musiqa chalib koʻngil ovlayotgan mugʻanniylar oʻzlari bilmaydigan musiqani chalishga amr etilganda «shoh»;ning «yaqin mulozim»;iga iltijo qilishadi: «Sen boshlab bergin, otaxon, u yogʻini oʻzimiz obketamiz!»;. Yodingizga tushdi-a? Hayotda ham odamlar taxminan shunday: siz mish-mish uchun xamirturish bersangiz boʻldi, oʻzlari har xil qilib non yopishvoladi, siz mato olib bering, ular oʻz boʻy-bastlariga koʻra kiyim bichib olishadi...

Nodir va Nilufarning odamlarga olib bergan matohining ismi muhabbat edi, tamom-vassalom! Boshqasi «Xalq ogʻzaki ijodi»;dan oʻzga narsa emasdi. Ha-da, Nodir biron marta devor osha Nilufarning oldiga tushgan emas, devor osha faqat qizning xirgoyilariga jon deb quloq osadi, lekin uni koʻrish uchun moʻralamaydi ham, koʻpchilik boʻlgan oila a’zolaridan birining koʻzi tushishidan qoʻrqqanidan emas, yoʻq, oʻziga ep koʻrmaganidan, bunday munosabat bilan Nilufarga gap tegishini istamaganidan moʻralamaydi... Qolaversa, qiz bilan diydorlashish u yoqda tursin, qoʻlini ham tutgani yoʻq, hatto «Sevaman!»; deb aytgani yoʻq. Ammo shuni yaxshi biladiki, Nodir qizni qanchalik sevsa, Nilufar ham uni shunchalik, ehtimol ziyodaroq sevadi, yigit bunga shubha qilmaydi. Nodirning keyinroq anglab yetganiga koʻra yigit va qiz bir-birini sevsa, bu muhabbat hech qanday gap-soʻzsiz ham oʻz-oʻzidan tushunilishi shart! Unga hech kim izoh bermasligi, bir taraf ikkinchi tarafga «Seni sevaman, sen-chi?»; qabilida yozgʻirmasligi lozim. Yigit va qizning hech qanday kelishuvlarsiz bosgan har bir qadami, har bir harakati ularni zimdan bir-biroviga tobora payvandlab borishi zarur... Ha-ha, aynan shunday oʻylardi u. Chunki uning peshonasiga bitilgan muhabbat ham aynan shunday tugʻilgan va shunday yashayotgan edi...

Fursat — yugurik suv, hash-pash deguncha Nilufar ham Andijondan shahri azim Toshkentga keldi, yuridik instituti talabasi boʻldi. Endi u Nodir bilan istasa har kun koʻrisha olar, uning koʻzlaridagi tubsizlikka gʻarq boʻlib, suhbat kemasida ufqlarga qadar suzishi mumkin edi. Biroq yoʻq! Olis Andijonning uzoq Mingtepasidan boʻlgan bu qiz unday qilolmaydi. Garchi oʻrtada hech bir tomon koʻngliga shubha solmaydigan bir samimiyat yashasa-da, Nilufar qiz bola, oʻz iffatini, qizlik or-nomusini saqlashga, Nodir bilan munosabatida me’yorni saqlashga urinadi. Oʻz navbatida Nodir ham ortigʻini talab qilmas, haftada bir-ikki koʻrib, gaplashish imkoniyatining oʻzi uning baxtdan sarmast boʻlishiga yetarli edi...

Shu zaylda kunlar ketidan kunlar, oylar ortidan oylar oʻtib, yozga ham chiqishdi. Nodirlarning imtihoni bir haftacha ertaroq tugadi, lekin Nilufarni kutib qoldi. Mingtepaga u bilan ketishga nima yetsin!.. 

Hafta ham oʻtdi. Mana, nihoyat, ular «Oltin vodiy»; poezdining eng yaxshi kupesida choy ichib, chaqchaqlashib ketishayapti. Hamrohlari elliklarni qoralagan eru xotin. Yaqinda Toshkentga uzatilgan qizini yoʻqlab borishgan ekan.
— Bir olam xavotir bilan kelgandik, yoʻq, Xudoga shukr, qizimni koʻrib yuzimiz kuldi, — deydi ikki gapning birida ayol.
— Nima degandim senga, — deydi unga sayin eri, — qoʻrqma, quda bilan birga oʻqiganman, yaxshi, oʻzimizga oʻxshagan odamlar, qizimizni qizidek olib yurishadi, demaganmidim?
— Degandingiz, dadajonisi, degandingiz, lekin Anjon qaerdayu Toshkent qaerda, qizimizni shundoq uzoqlarga bervoramanmi, deb qoʻrqqandim-da!
— Hozir senga otabeklarning zamoni emas, kumushlarning oldiga borish uchun oylab yoʻl yurishga hojat yoʻq, — er aftidan ming bor takrorlagan eski plastinkasini yana aylantirardi, — poezdga oʻtirsang besh-olti, samolyotga oʻtirsang yarim soatda Toshkentga yetasan. Agar shunisiga ham chidamasang, nima keragi bor quda-anda boʻlib, a, toʻgʻrimi kuyovbola? — U Nodirga fikrlarini tasdiqlatib olmoqchi boʻldi.

Nodir indamay yelka qisdi. Nilufar bir qoʻzgʻalib oldi.
— Qizim, sizlar bir joydanmisizlar a?
— Ha, bir joydan, — dedi qimtinibgina Nilufar gap oʻzlari tomon burilayotganini sezganidan.
— Toshkentda oʻqiysizlarmi? Qaysinda?
— Huquqda.
— Ikkalangiz hammi?
— Ha...
— Zoʻr-ku! — dedi ayol zavqini yashirmay. — Turmush qurganlaringga qancha boʻldi?
— Biz... — Nilufarning gapi ogʻzida qoldi.
— Toʻyimiz bir haftadan keyin!.. — Nilufarninggina emas, Nodirning ham yuzlari qip-qizarib ketdi bu kutilmagan gapdan.
— Voy, dadasi, bularni qarang shirinligini, hali toʻylari ham boʻlmagan ekan, biz boʻlsak sizlarni kelin-kuyov deb oʻylabmiz, voy, qanday yaxshi!.. — ayol negadir oʻz-oʻzidan joʻshib ketdi, turib Nodir va Nilufarning peshonalaridan oʻpdi. — Iloyim, baxtli boʻlinglar! Qarang, dadasi, biram bir-birlariga mos!..

11

— Qachon ekan toʻyimiz, men yaxshi eshitmay qoldim? — Asakada poezddan tushib, taksida uylariga kelisharkan, Nilufar Nodirdan gina qilib soʻradi.

Nodir javob oʻrniga jilmaydi.
— Nega kulasiz? — ohu nigohlari bilan boqdi Nilufar. — Javob bering. Mening oʻz toʻyim haqida bilishga haqqim bordir, axir qaerda oʻqiyotganimizni unutmang! Oʻz haq-huquqlarimning poymol etilishiga qarab turmasman!..

Nodir yana kuldi. Birozdan keyin Nilufarning ham yuzlarida tabassum paydo boʻldi. Soʻng esa badqovoq haydovchini ham unutib, bir-birlariga qaragancha qah-qah urib kulib yuborishdi...

12

Vodarigʻ, «Bir haftadan keyin toʻy!»; deganda Nodirning gapiga farishtalar omin degan ekan, chindanam Nilufarning uyida juda ham yaqinlashib qolgan toʻy tadorigi ketayotgan edi. Faqat bu toʻy Nodir va Nilufarning emas, Murodjon va Nilufarning edi!..

Nilufarning toʻydan butunlay xabari yoʻq, deb boʻlmasdi. Otasi Kamol aka hokimning oʻgʻli Murodjon toʻgʻrisida bir necha bor gap qistirgandi. «Shunday yigit kuyovim boʻlishini orzu qilaman!»; degandi. Xotiniga ham oʻz fikrini yuqtirgandi. Nilufar, ochiq kunda gumburlagan momoqaldiroqdek kutilmaganda «hujum»; qilgan «yangilik»;dan esankirab qolgan Nilufar qiz endi xotirasini titkilab, Murodjon haqida onasi Hilola opaning ham ul-bul deganini esladi. Lekin bularning barchasi oʻziga bildirmay, ruxsat ham olmay toʻy boshlab yuborishlariga asos boʻlolmasdi qizning nazarida... Umuman, Nilufar Murodjon haqidagi gaplarni jiddiy qabul qilmagandi. Axir, oʻqishning endigina birinchi yilini tamomladi. Qanaqa toʻy haqida oʻylash mumkin?..
— Ayajon, nima qilyapsizlar oʻzi? Men... axir odamman!?.. — Koʻzlaridan beixtiyor quyilib kelgan yoshlarga tiqilib arang dedi Nilufar, — toʻgʻri, sizlar tugʻib katta qildilaring, yedirib-ichirdilaring, tonmayman, buning uchun bir umr xizmatlaringni qilay, lekin mening ham koʻnglim bor, men ham umid bilan yashayapman, nima qilganlaring bu, ayajon?!..
— Qizalogʻim, yigʻlama! Sen hali yoshsan, hayotning achchiq-chuchugini, baland-pastini yaxshi bilmaysan. Dadang ikkovimiz shu ishni sen uchun, sening kelajaging uchun qildik. Kuyov bolani yaxshi tanimasang, toʻydan keyin bilib olasan. Ota-bobomiz zamonidan beri shunday boʻlib kelgan, sen hech kuyunma. Dadangga tegayotganimda ham xuddi senga oʻxshab yigʻi-sigʻi qilganman, mana endi meni dadangdan ayirib koʻr-chi!.. Kel oʻzimga, qizim, seni koʻp sogʻinganman. — Hilola opa Nilufarni quchmoqchi edi, boʻlmadi: qizi tisarilib oʻzini orqaga oldi. — Nilufa-a-ar! — hayron boʻlib qoʻlini oldinga choʻzdi ona.
— Yoʻq, aya, bunaqasi ketmaydi. Men oʻlsam hamki, Murodjonga tegmayman!!.. — borgan sari oʻzini yoʻqotib borayotgan Nulufar jahl bilan davom etdi. — Oʻzim tuzukroq tanimagan, bilmagan odamim bilan qanday qilib bir umr yashashim mumkin, oʻylab koʻrdingizmi hech? Yoki koʻzlaring dadasining mansabiyu, Murodjonga qoldirayotgan mol-dunyosidan boshqa narsani koʻrmay qoldimi?..
— Nilufar!.. — Hilola opa bir hamla qilib qizining yuziga tarsaki tortib yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi. Keyin zumda yuragini yomon bir gʻashlik chulgʻab oldi. Bir qiziga, bir ochiq kaftiga boqib garangsiradi. Axir, u bolalarini hech qachon urmagan edi...

Nilufar kutilmagan zarbadan yuzini ikkala kafti bilan yashirgancha oʻtirib qoldi. Negadir yigʻlamay qoʻydi. Dastroʻmoli bilan avval koʻzlarini, soʻng bejirim burnini chimdib artdi.
— Ayajon, men sizni, dadamni juda-juda yaxshi koʻraman. Meni ham yaxshi koʻrishlaringga ishonaman... Menga yomonlik sogʻinmasliklaringni bilaman, — past, lekin ishonch toʻla ovoz bilan gap boshladi Nilufar, uzoqqa choʻzilgan sukunatdan soʻng, — hammasi uchun oʻla-oʻlgunimcha choʻringiz boʻlishga tayyorman. Faqat birgina oʻtinchim: meni men sevmagan odamga turmushga bermang! Bir umr koʻnglim boʻlmagan kishining koʻzlariga qarash doʻzaxidan qutqaring meni, ayajon!.. — Nilufar boʻsagʻadagi tuproq joyda sudralib kelib, onasining oyoqlariga sarildi...

13

— Bas, eshitishni xohlamayman! — qarshisida yigʻlamsirab turgan xotiniga oʻshqirdi Kamol rahbar. — Qachondan beri oʻzbeklar qizning koʻngliga qarab turmushga beradigan boʻpqoldi? Qizbola degan avval «Yoʻq»;, deydi, yigʻlab-siqtaydi, lekin axiyri koʻnib ketaveradi. Hamma vaqt shunday boʻlgan...
— Dadasi, hamma vaqtiyzi qoʻying, menga qizimning taqdirini hal qilib bering. Kelganidan beri oʻzini yeb ado qildi qizi tushmagur. Uning shashti oʻzgacha, hamma vaqtingizning qizlariga oʻxshamaydi Nilufarning gaplari. Mundoq oʻzingiz ham gaplashib koʻring, otasiz, axir! Hadeb «Qizing, qizing!»; deya meni olovga tiqasiz. Menimcha, oʻylab ish qilish kerak, dadasi, yoʻqsa, Nilu oʻzini bir balo...
— He, nafasingni yel olsin sening! — Kamol rahbar xotinini jerkib berdi.
— Siz shunaqa deysiz-u... lekin... lekin...
— Nima lekin? Latta chaynagandek chaynalavermasdan shartta gapir!
— Nilufar Nodirdan oʻzgasiga tegmayman deyapti... — Hilola opa roʻmolining uchi bilan koʻzyoshlarini artarkan, yana ham qattiqroq yigʻladi.
— Yana manavi yalangoyoqmi? Padarla’nati! Necha marta aytdim yaxshilikcha, «Odamlar gapiryapti, qizimdan uzoq yurgin, baribir senga bermayman, bekorga gap-soʻz boʻlganlaring qoladi»;, deb. Oʻzi bilganidan qolmabdi-da! Endi mendan koʻradiganini koʻradi! Sen bor, qizingni chaqir, oʻzim gaplashaman, sharmanda qilmasin endi elu yurtning ichida...

14

Kamol rahbar koʻrdiki, ish xotini vahima qilgandan ham jiddiyroq ekan. Qizi bilan odamzod oʻylab topgan hamma tillarda gaplashib chiqdi: tushuntirish, qoʻrqitish, yolborish... Ammo bu tillarning hech biri kor qilmadi. «Otangman, muqaddas kitoblarda »;Ota rozi, Xudo rozi« deyilgan, Xudodan qoʻrqsang, aytganimni qil. Qoʻrqmasang oxirating kuyadi»; deb ham koʻrdi, boʻlmadi. Nihoyat, oshkora koʻziga yosh olib, «Qizim, tushunsang-chi, qudamiz hazilakam odam boʻlmasa, kimsan hokim toʻra boʻlsa, biz xoʻp, deb qoʻygan boʻlsak, endi nima boʻladi? Odamlarning oldida yuzim shuvut boʻlib, bu yoqda ishdan ayrilib qolmaymanmi? Hadeb oʻzingni oʻylayvermay, ukalaringni, singlingni ham oʻyla. Hammalaring uylaydigan, chiqaradigan yoshga yetib qoldilaring... bir oʻzim ishlayotgan boʻlsam, qizim...»; Yoʻq, bularning hech biri, hatto otaning yanoqlarini yuvib tushgan koʻzyoshlar ham qizning yuragidagi muzni erita olmadi. «Nodirdan oʻzgasiga tegmayman, tamom-vassalom»;, deb turib oldi. Shundan soʻng Kamol rahbarning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi, «Yoʻqol, koʻzimga koʻrinma!»; deb baqirdiyu ichkari kirib boshini yostiqqa tiqib yotib oldi...

«Tavba, — derdi u oʻziga-oʻzi xotini va qizi bilan boʻlgan koʻngilsiz suhbatlarni mushohada qilarkan, — odamlar shuncha oʻzgarib ketdimi yo biz zamondan orqada qoldikmi? Axir, ilgarilari qizbola degan »;miq" etmay tegib ketaverar edi. Yana baxtli boʻlganini aytmaysanmi! Endi-chi? Tavba, deb yoqangni ushlashdan oʻzga ilojing qolmayapti endi... Yoʻq-yoʻq!.. — Kamol rahbar sapchib oʻrnidan turib ketdi. — Bu toʻy boʻladi! Qizimni sochidan sudrab boʻlsa ham hokimning oʻgʻliga beraman! Axir, nomus, bolalarimning kelajagi... oʻrtada turganda bunaqa sustkashlik qilib boʻlmaydi...”

15

Bu vaqtda Nodirlarnikida ham Nilufarlarnikidan kam boʻlmagan tortishuv borayotgandi. Chunki Kamol rahbar bir necha bor chiqib Nodirning dadasini siquvga olgandi: teng tengi bilan, tezak qopi bilan qabilida koʻp achchiq gaplarni aytib, oʻgʻlingni tiyib ol, boʻlmasa qamatib yuboraman, deya dagʻdagʻa qilgandi. Sodda dehqon odam boʻlgani uchun Abdugʻani aka darhol oʻgʻlini chaqirib, Nilufarga uylanish niyatidan qaytishini yolborib maslahat berdi. Nodir dadasining gaplariga «Mayli, men bir Nilufarning oʻzi bilan gaplashib koʻray»; deb qisqagina javob qildi. Abdugʻani aka u yoqda Nilufarning nimalar qilayotganini oz-moz eshitgani bois oʻgʻlining bunchalar oson yon bosayotganidan boshi osmonga yetarchasiga xursand boʻldi. «Ota oʻgʻil!»; deya kelib, Nodirning manglayidan oʻpib ham qoʻydi. Hayoti davomida arboblarning qoʻlidan nimalar kelishiga oʻzi va oʻzgalarning taqdiri orqali koʻp bor guvoh boʻlganidan yuragini chulgʻab olgan qoʻrquvni Nodirga bildirmay qoʻya qoldi...

16

— Nodir aka, ota-onamiz nima qilishyapti oʻzi, hech tushunib ololmayapman! — kuyunib gapirardi Nilufar ular «Kichik Fargʻona kanali»; boʻyida koʻrishganda. — Soʻramasdan-netmasdan, yuzing bormi, koʻzing bormi demasdan, orqavarotdan taqdiringni hal qilib tashlayverisharkan-da? Kitoblarda Layliyu Majnunni, Tohiru Zuhrani oʻqiganimda gʻalati boʻlib ketardim. Xoʻp sitamkor davrlar boʻlgan-a, deb qoʻyardim oʻzimga oʻzim. Endi qarang, oʻshalarning kuni oʻzimizning boshimizga tushib turibdi. Yana eng alam qiladigani, shu kunni mening boshimga oʻz ota-onam solayapti. Tavba, oradan zamonlar oʻtmagandek, kuygan koʻngillar qismati hech kimga dars boʻlmagandek...
— Nilu, toʻgʻrisini ayt, — dedi quchogʻida yoshli koʻzlari bilan oʻziga tikilib turgan sevgilisining yanogʻiga tushib turgan zulfini beozor oʻynar ekan yigit, — faqat toʻgʻrisini ayt, nima qilmoqchisan?..
— Murodjonga tegmoqchiman! — dabdurustdan toʻnini teskari kiyib, yovqarash bilan boqdi Nodirga Nilufar. Va shu zahotiyoq inja bellarini quchib turgan baquvvat bilaklarning boʻshashib ketganini sezdi. Sezdiyu oʻzi ham aytilgan gapning zalvoridan qoʻrqib ketdi. — Jinnimisiz?! — dedi shoshib. — Men... men sizni deyman, oʻlsam ham sizni deyman!.. — qiz uyatdan «duv»; qizargan yuzlarini yigitning koʻkragiga bosib yashirdi va shu hamono boyagina boʻshashgan bilaklarning bellarida yana-da jipsroq sarilganini his qildi...
— Xayriyat... Xudoyimga shukur!.. — qizning qulogʻiga shivirladi yigit. — Men qoʻrqqan edim... men juda ham qoʻrqqan edim... — ovozi titrab, nimadir boʻgʻziga tiqildi soʻzlarida adashib Nodir...
— Nimadan... nimadan qoʻrqqan edingiz? — boshini koʻtarib yigitning koʻzlariga mehr bilan tikildi qiz.
— Taqdir ekan, nima ham qilardik, qoʻlimizdan nima ham kelardi, deyishingdan, ota-onamning, udumlarimizning royiga qarshi borolmayman, kechiring, deyishingdan... eng yomoni... seni yoʻqotishdan... senga boʻlgan sevgim bilan yolgʻiz qolishdan...
— Yoʻq, yoʻq!!! — yigitning ogʻzini kafti bilan toʻsdi qiz. — Bas qiling!
— Yoʻq, yoʻq, halaqit berma, sen bir zum toʻxta, men gapimni oxiriga yetkazay, — yigit qizning qoʻllaridan tutib oʻpti, — yoʻqsa, keyin men bir umr pushaymon qilishim mumkin, eshityapsanmi, bir umr!...

Bu orada oʻzbek va qirgʻiz tuprogʻini qoq ikkiga boʻlib ham ayni chogʻda ularni birlashtirib oqayotgan kanal suvi tobora pishqirib, guvlanib, kuchayib toʻlgʻonardi. Suvning koʻpligidan va oqimning zoʻrligidan kanal oyning nurida xuddi oq asov otdek oʻynoqlar, zulmatda sermalayotgan porloq qilichdek ajabtovur yaltillar, koʻzi tushgan kishi xayolini sohir xayollarga yetaklardi... Lekin qiz va yigitning bu bilan ishi yoʻq edi, ularning tomirlarida yana-da azimroq, yana-da asovroq bir kuch — Ishq daryosi pishqirib oqayotgandi. Bu daryo xuddi anavi, ikki ayri-ayri yurtni birlashtirgan kanal yangligʻ yigit va qiz otligʻ ikki vujudni, ikki alohida-alohida ruhni — ikki rangin olamni bir etib toʻlqinlanardi...
— Bilasanmi, — Nodir burilib, pishqirib oqayotgan suvga yuzlandi, qoʻllarini choʻntagiga omonatgina solib, — bilasanmi Nilu... — u gap topolmay yoki topgan gapini ayta olmay chaynalardi.
— Nima, Nodir aka, nima!?.. — qiz goʻyo qandaydir koʻngilsiz gap aytiladigandek chopib kelib yigitning yon tomonida toʻxtab suvga mixlangan nigohini tutishga urindi. — Yoki siz ham dadam bilan ayamning gaplarini aytmoqchimisiz, gapiring tez, jim turmang, gapiring! — Nodirning bilagidan tutib silkidi qiz.
— Bilasanmi, — Nodir keskin harakat bilan Nilufarning ikkala yelkasidan tutib koʻzlariga qaratdi, — Murodjonga tegmay... keyin afsus qilmasmikansan? Axir, uning imkonlari oldida men bir faqir boʻlsam, senga, tugʻilajak farzandlarimizga beradigan, in'om qiladigan hech vaqoim boʻlmasa!.. Borliq davlatim shu ikki qoʻlim, — Nodir qoʻllarini qizning boshi uzra koʻtardi, — va yana seni deb urayotgan shu yurak boʻlsa!.. — shivirladi Nodir chap koʻksini kafti bilan tutib.
— Endi siz meni qoʻrqityapsiz, — Nilufar shovqin solib oqayotgan suvning boʻyiga yaqinroq keldi, Nodir uni tasodifan suvga tushib ketishidan xuddi asrab qolmoqchi boʻlgandek orqasidan ergashdi, — agar taqdirimda Murodjonga tegishdan oʻzga yoʻlim qolmasa, shu quturib oqayotgan suv meni yutsin, roziman!..
— Meni notoʻgʻri tushunma faqat, Nilu! — Nodir kelib qizning qoʻllarini tutdi. — Bunday deyish, oldingdan oʻtish... mening burchim edi. Chunki sen meni tanlar ekansan, Murodjondan, uning yonidagi chiroyli, dabdabali hayotdan ham voz kechgan boʻlasan. Buni nima ekanligini men juda yaxshi tushunaman. Agar qaroring qat'iy esa, koʻnglingda oʻzing aytgandek, zarracha ikkilanish, taraddud¬lanish boʻlmasa, men sening qarshingda, muhabbating, begʻarazliging oldida bosh egaman!.. Mana shu yuksakliging uchun, har qanday erkakni-da yoʻlda qoldirib ketguvchi joʻmardliging uchun, samimiyating, sevging uchun... hamma-hammasi uchun agar seni baxtli qilmasam... meni ham shu toshqin, shu bebosh suv yutsin, roziman!..

17

Suv boʻyida sevishganlar bir-birlariga oʻla-oʻlguncha ayrilmaslik haqida otashin qasamlar ichishar ekan, bu yoqda Nilufarning uyida Kamol rahbar hokimning odamlariga boshiga oʻlim kelsa ham soʻzidan qaytmasligini takrorlar edi.
— Agar toʻy boʻlmasa, oʻzingizninggina emas, hokim toʻraning ham obroʻsini toʻkkan boʻlasiz! Buning nima ekanligini, qanday oqibatlarga olib kelishini tushuntirib oʻtirishning hojati yoʻqdir? — yoshi kattarogʻi Kamol rahbarning koʻzlariga ma’noli tikildi.
— Yoʻq-yoʻq, hammasini tushunaman, bilaman. Koʻnglingiz toʻq boʻlsin! Odamlarning gap-soʻzlariga ishonmanglar, hammasi risoladagidek boʻladi, hammasi... — Kamol rahbar ikki qoʻli koʻksida, mezbonlarni kuzatib chiqdi.

18

Shundan keyin hammasi gʻoyat jiddiylashib ketdi. Nafaqat Kamol rahbaru Hilola opa oʻz qarindoshlariyu qoʻshnilari bilan, balki butun qishloq ushbu olamshumul toʻyga tayyorgarlik koʻra boshladi: kim mehnati bilan, kim ziynati bilan, kim qoʻli bilan, kim oyogʻi bilan degandek... Xudo qoʻl va oyoqdan «qisganlar»; esa uzun tili bilan... Xullas, bekor turgan, butun tumanga dongʻi ketib ulgurgan toʻydan «quruq qolayotgan»; odamning oʻzi yoʻq. Bunday dabdabayu as'asaga duch kelgach, kechagina suv boʻyida bir-birlariga va’da berib, ozod va baxtli kelajaklari toʻgʻrisida uzun-uzun xayollarga tolgan Nodir va Nilufarning kapalaklari uchib ketdi. Ular bunaqa boʻlishi mumkinligini yetti uxlab tushlarida ham koʻrmagan edi. Bir-birovlarining muhabbatlarining chinligiga, sofligiga amin boʻlishgach, endi hammasi xamirdan qil sugʻurgandek oson kechadi, uyga borib ota-onamizning bagʻrida ikki-uch diydiyo qilsak bas, Murodjon balosi boshimizdan ariydi, deya xomxayol qilishgan edi. Endi... Endi ma’lum boʻlishicha, ular nafaqat ota-onalari bilan, balki ulkan bir qishloq, qishloq nima boʻpti, butun boshli tuman bilan kelishishi, ularni oʻz soʻzlariga ishontirishi, toʻylariga rozilik olishi shart boʻlib chiqmoqda. Bu ish esa igna bilan quduq qazishdek gap edi Nodir va Nilufarga. Shuning uchun ham ular chorasizlikdan karaxt boʻlib, nima qilishlarini, qanday tadbir bilan tugunni yechishlarini bilmay holsizlandilar. Boshlariga tushgan musibatdan, nohaqlikdan hatto bir-birlariga ham talpina olmay, har biri oʻz uyida, oʻz gʻamiga oʻralib, yolgʻizlanib qolishdi. Ayniqsa, Nilufarning koʻz oʻnggida yuz berayotgan va tobora mudhish toʻyni yaqinlashtirib kelayotgan tadoriklar uning butun orzu-umidlarini, orzu-umidlari ne, olayotgan nafasi zoʻrgʻa sezilib turgan ilinjini ayamasdan qamchilardi. Nodir ham uyiga qamalib olib, bagʻrini yerga bergancha bir qoʻshiqni takror takror eshitar, eshitar, eshitardi...

Dilimda qolmadi tinchlik va orom,
Talab ketdi oʻshal ma’shuqi Bahrom.
Salom yetkur nigorimga sabo tez,
Borib anga degilki, ey dilorom,
Qachon sendin yiroq boʻldim chunonam,
Na xush qoldi, na qoldi aqli orom.
Yugurdim har taraf men misli Majnun,
Tilimda Layli noming subhidam shom.
Yugurdim har taraf manzil ba manzil,
Talab aylab seni ey chehrai gul.
Na sendin bir xabar topdim, na paygʻom,
Na sendin menga sogʻar bor va na jom...
Ey dilorom, ey dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom...

Yigit zaxga berib yotgan bagʻri qizigandan qizib, chidab boʻlmas darajaga yetganda gilam uzra muzdekroq joyni qidirib qolardi. Shu taxlit qoʻshiqning oxirigacha bir necha bor yer almashar, muzdek qorongʻi xonaning u chetidan bu chetiga «uh»; tortib, sudralib borib kelaverardi... Nima qilsin axir, Nulufar uni sevaman, sendan boshqasiga oʻlsam, ham tegmayman, degani bilan bu yoqda vaziyat oʻzgarib ketdi. Shundoq qoʻshni emasmi, toʻyning dabdabasi, chop-choplari, mish-mishlari Nodir yotgan xonaning toʻrtala devori aro sizib kirib kelayotgandek, u qancha boshini yostiq bilan toʻsmasin, magnitafon ovozini boricha balandlatmasin, baribir, besamar, benafdek, butun qishloq, qishloq ne, butun dunyo bir boʻlib joʻr ovoz-la Murodjon va Nilufarning toʻyidan gapirayotgandek, uni ovoza qilib maqtanayotgandek tuyulardi. «Nilufar oxiri taslim boʻlgan, yoʻqsa, buncha dabdabayu as'asa qaerda edi?»; deb mulohaza yuritardi Nodir. «Onasi Hilola opa ham chiqib shularni aytdi. “Nilufar Murodjon bilan toʻylariga rozi boʻldi, endi uni boshqa bezovta qilmas ekansan, uning oʻzi meni oldingga chiqardi”, dedi. Bunga qishloqni tutib ketgan toʻyning »;badboʻyi« ham dalil... Shundan beri Nodirning ichiga chiroq yoqsang yorishmaydi, shundan beri oʻz xonasiga qamalib olib, tobora qizib borayotgan koʻksini zaxga berib yotgani yotgan, »;Dilorom" otligʻ qoʻshiqni ehtimol, mingingchi bor, oʻnminginchi, yuzminginchi bor eshitgani eshitgan, onasi Salima opa olib kirgan, kirayotgan ovqatlarga mana, bir necha kundir, qoʻl ham tegizmaydi, faqat kuyib ketayotgan yuragi hovurini bosish uchun muzdek suvni bosib-bosib ichgani ichgan... Oʻh, bu ishq savdosi... Bundan ogʻir dard, bundan mushkul savdo bormikan oʻzi dunyoda? Agar bor boʻlsa, nega ularga chalinganda ham odamning yashagisi kelaveradiyu, umidsiz ishq girdobiga tushib qolgan kishining koʻziga hayot quvonchlari u yoqda tursin, hatto aziz joni koʻrinmay qoladi?! Nega u bir zumda hamma narsani oʻzgartirib tashlaydi? Kechagina hatto chumoliga ozor berishni istamagan kishi bugun butun dunyoning olovlar ichida qolishiga beparvo qaraydi? Nega u inson bolasini aqlu hushdan mosuvo etib, faqat oʻzininggina yoʻrigʻiga yoʻrgʻalashga majbur qiladi? Nega odamzod uning changalidan qutulib qolish chorasini qidirishga ham qurbsiz, madorsiz boʻlib qoladi? Nega, nega kechagina baxtdan mast, samolarda uchib yurgan Nodir dunyosining bugun oyogʻi osmonda? Nega?..

19

Nilufarning holi ham tang edi. U ham xuddi Nodir yangligʻ oʻz xonasiga kirib, oʻz dardu faryodlariga ipak qurt ipagiga oʻralib olgandek oʻralib olgancha taqdiridan kuyib yigʻlar, yigʻlab kuyardi. Bilganlar bilib indashmasdi yoki nasihatgoʻylik qilardi, qizbolaning palahmon toshi ekanligidan tortib, ota-onayu qarindosh-urugʻ xohishlariga qarshi bormasligigacha, hamma-hammasini aytib, qismatga boʻyin egishga undar, gohi-gohida rahmlari kelib quchoqlab-oʻpib hamdardlik koʻrsatib chiqib ketishardi. Bilmaganlar esa erga tegayotgan qizning koʻrgazmali noziga yoʻyib, ma’noli-ma’noli kulib, pichirlashib-pichirlashib qoʻyishardi. Haqiqiy ahvolni esa yolgʻiz Olloh va Nilufarning oʻzigina bilardi... Qizning botini xuddi ming yil tinimsiz qirgʻin boʻlgan yurtdek qontalash va vayron, umidsiz va yoʻqsil edi. U ham necha kundir tuz totmas, uzzu kun bir nuqtaga tikilib oʻtirgani oʻtirgan, faqat... faqat ayol koʻngli bilan allaqanday bir moʻ'jizani sezgan kabi eshik tomon ishonchsizgina qarab-qarab qoʻyar, soʻng... soʻng holsizlanib yostiqqa oʻzini tashlar ekan, ma’yus koʻzlaridan sizib yosh kelar, kelar va yana kelardi...

Har safargidek eshik chertilib, kimdir kirdi. Nilufar yostiqdan boshini koʻtarmadi ham.
— Jonim qizim, — havoda Nilufarning uch-toʻrt xolayu ammasi bilan yetaklashib kelgan Hilola opaning siniq ovozi titradi, — ovqatingni yana yemabsan, bunaqada kasal boʻp qolasan-ku!..

Qizidan sado chiqmadi.
— Nulufar, qizim, koʻp ham kuyma, hammasi yaxshi boʻp ketadi, mana, buni men — Oʻlmas ammang aytyapti. Gapimga ishon, sening yoshingda kim yaxshi koʻrmagan deysan? Manavi xolalaringmi? Qoʻltigʻiga kirib soʻrasang, hammasining yoshlikda zimdan boʻlsa ham koʻngil qoʻygan yigitlari boʻlganligini shipshib qoʻyishadi. Lekin soʻra-chi, qaysi biri oʻsha sevgan yigitlariga turmushga chiqqan ekan? Hech qaysisi! Hammasi ota-onalari tanlagan kuyovlarga erga tegishgan. Endi aytinglar, oyimchalar, — Oʻlmas amma boshini burib yonidagilarga qaradi, — qaysi biringlar turmushdan yolchimadilaring, qaysi biringlar eringni yomon koʻrasan?
— Voy, xudoyim, — dedi kimdir uyalinqirab.

Kimdir «piq»; etib kuldi.
— Erni yomon koʻrib boʻlarkanmi, oʻylab gapiring, Oʻlmasxon, — dedi shaddodrogʻi.
— Ha, barakal-la-aa, — dedi choʻzib Oʻlmasxon amma. — Sen ham, qizim Nilufar, Murodjonni sekin-asta yaxshi koʻrib qolasan. Bolali boʻlganingdan keyin esa Murodjondan oʻzga erkakni tasavvur ham qilolmaysan. Hayot shunaqa, qizim!.. — amma engashib Nilufarning yuzlariga bosilgan kaftlarini olib qoʻymoqchi boʻldi. Lekin Nilufar bunga yoʻl bermadi, yulqinib boshini bolishning uzoqroq tomoniga olib qochdi.
— Voy-boʻoʻ! — dedi choʻzib xolalaridan biri Nilufarning qiligʻidan norozi boʻlib. — Namuncha noz qilmasang?.. Boʻldi, Oʻlmasxon opa, boʻldi, Hilola opa! Erga tegayotganimizda ota-onamiz bizdan soʻrab oʻtirganmidiki, sizlar ham buning qosh-qovogʻiga tikilib tursalaring. Soʻrang, latta-putta olgani bozorga chiqadimi, yoʻqmi? Chiqsa, noz firoqni yigʻishtirib, biz bilan yursin, chiqmasa, bir ikki-koʻylagini bersin, shunga qarab oʻzimiz tanlayveramiz...
— Qoʻpol boʻlma, Sarvi! — tanbeh berdi Oʻlmasxon opa. — Qizim, — uzalib Nilufarning boshini siladi opa, — tur, turaqol, xolalaring bilan borib egningga ul-bul olib kelgin, tur jonim!..
— Amma, — Nilufar tilga kirdi qoʻllarini yuzidan olib. Shu bir-ikki kun ichida ancha ozib, yigʻidan, ochlikdan, sevgi va sevgisizlikdan koʻzlari kirtayib, rangi somondek boʻpqolgandi qizi tushmagurning, — men tashqariga chiqadigan, koʻylak tanlaydigan holda emasman, iltimos, tushuning...
— Keyin boshimizni qotirib yurma, unisi undoq, bunisi bundoq deb!.. — gapini ilib ketdi Sarvi xolasi.
— Jim boʻl, Sarvi!.. — urishib berdi Oʻlmasxon amma. — Mayli qizim, — Nilufarning sochlarini tagʻin siladi, — biz oʻzimiz bilib tanlayveramiz, faqat sen oʻzingni tut, bunaqada chindanam yotib qolasan... Hilola! — chetda indamaygina burnini tortib, koʻzyoshi toʻkib oʻtirgan onaga yuzlandi amma. — Qani, ketdik. Nilufarni oʻz holiga qoʻyaylik...

20

— Oʻgʻlim, Nodir! — Nodir yotgan xonaga asta kirib keldi Abdugʻani aka chuqur uh tortib, soʻng xona chirogʻini yoqib poygakka omanatgina oʻtirdi. — Bilaman, bu ogʻir savdo... Lekin qoʻlimizdan nima ham kelardi?.. Biz kambagʻal, qoʻli qisqa odamlar boʻlsak, Kamol rahbaru hokim toʻralar bilan basma-bas kelolmaymiz-da... — Abdugʻani aka oʻgʻliga zimdan qarab qoʻydi. Bagʻrini yerga berib, boshini yostiq ichiga koʻmib olgan Nodirga bu gaplar qanchalik ta’sir qilib-qilmaganini bilib boʻlmasdi. — Lekin baribir yashash kerak! — negadir tishlarini tishiga bosib, mushtlarini qisdi ota. — Odam bolasi bir joyda toʻxtab qolmasligi, boshiga tushgan koʻrguliklarga qarshi, ularga achchiqma-achchiq yashashi shart, Nodir!
— Yashashni xohlamasa-chi?! — nihoyat tilga kirdi Nodir boshini yostiqdan xiyol uzib. — Yashash uchun ham qandaydir maqsad boʻlishi kerak-ku, ota!..

Ota-bola uzoq vaqt jimib qolishdi.
— Xuddi choʻlu biyobonda bir oʻzimni tashlab ketishgandek... ichim xuddi oʻsha qaqroq choʻldek huvillaydi... — oʻziga-oʻzi gapirgandek davom etdi Nodir, — nimaligini ham bilmaydiganim bir otash biyobon uzra ogʻzidan olov purkayotgan quyoshdek yuragimni, boshimni... butun borligʻimni kuydirmoqda... oʻzimni pishqirib yotgan suvlarga otgim... oʻlgim kelyapti, ota, oʻlgim!.. — Nodir yuzini yana bolishga koʻmdi.

Abdugʻani aka bir seskanib, tomogʻini qirib, qoʻzgʻalib oldi. Nima deyishini ham bilmay ustma-ust yutindi. Birdaniga peshonasiga toshib chiqqan terni yelkasiga tashlangan durra bilan sirib artdi, soʻng tamshanib-tamshanib ogʻiz ochdi:
— Oʻgʻlim, har-xil gaplarni gapirib odamni qoʻrqitma! Sabr qil, dardini bergan, shifosini ham beradi. Fursat... — otaning gapi ogʻzida qoldi: shiddat bilan oʻrnidan sakrab turgan oʻgʻil bir intilish bilan otaning qarshisida paydo boʻldi-da «gurs»; etib tizzalariga choʻkdi:
— Ota... Otajon!.. — Nodir otasining oyoqlarini quchdi. — Nima qilay, sabr qilolmayapman, nima qilay, ichim yonim ketyapti... Fursat — shifo, deysiz, lekin mendan soʻrang... kerakmikan oʻsha shifo!? Ota, meni kechiring, tuzalishni, dardimga malham topib odamlar orasiga qoʻshilishni istamayman! Eshityapsizmi, Istamayman!
— Oʻzingni qoʻlga ol, Nodir, oʻgʻlim! — ota ham tizzalariga oʻtirib Nodirning bilaklarini mahkam tutib koʻzlariga qaradi. Yo alhazar, bu Nodirning koʻzlarimi yo?.. Ular allaqanday boshqacha... allaqanday yovvoyi... jununvash... ayni damda odamni hurkitib yuboradigan darajada ma’nosizu dahshatli edi... — Oʻgʻlim, — ota uning bilaklaridan siltab hushiga keltirmoqchi boʻldi, — erkakmisan oʻzi!? Oʻzingni qoʻlga ol! — Abdugʻani aka Nodirning gaplaridan, bir haftadan buyon xonasidan chiqmay, tuz ham totmay yotib olganidan oʻn qoʻrqqan boʻlsa, vahshatli koʻzlariga qarab yuz qoʻrqqanligi butun harakatlaridan shundoq bilinib turardi... — Ayolga muhabbat qoʻygan bir senmi? Yoki qolganlar ham senga oʻxshab oʻzini oʻldiryaptimi?.. Xuddi oxir zamon kelgandek tutasan oʻzingni!.. Uyalmaysanmi?..
— Oxir zamon?.. — otasining soʻzini ilib oldi Nodir. — Toʻgʻri topdingiz, ota, men uchun oxir zamon keldi, u mana bu yerimda, — Nodir qoʻllarini otasi changalidan boʻshatib bagʻriga urdi, — turib qoldi, ota!..
— Hayot davom etadi, Nodir! Unisi boʻlmasa, boshqasini sevib qolasan hali, nega yosh joningga shuncha jabr qilasan, oʻgʻlim?..

Nodir choʻkka tushgancha miq etmay qotib turardi. Abdugʻani aka hafsalasizgina qoʻzgʻalib eshikning dastasini tutgan koʻyi bir zum oʻylanib qoldi-da, dedi:
— Boshiga nima ish tushsa ham erkak kishi oʻzini tutishi kerak. Bu ham Yaratganning bir sinovi: kimga mansabu boylik berib, kimga dardu qashshoqlik berib sinaydi U. Hamma gap odamning sinovdan oldingi holida emas, keyingisida, bolam. Agar joningga qasd qilsang, sinovga dosh berolmagan, yengilgan, Xudoga shirk keltirgan boʻlasan... Shuni unutma!.. — Abdugʻani aka eshikni asta yopib chiqib ketdi...

21

Bu yaxshi gaplarni, bu mantiqli, foydali, ming yil yashab bir aytilgan oʻlmas hikmatlarni qani endi Nodir anglasa, magʻzini chaqsa, ularga amal qilsa... Qani edi biz ham shu yerda oʻz qissamizni yakunlab, firoqdan, mangu yoʻqotish iztirobidan qahramonimizni xalos etib, uy-uyimizga koʻngil toʻqligi bilan tarqab ketsak. Qani edi Nilufar ham taqdiriga koʻnib, risoladagi kuyov Murodjonga mayl bildirib tegib, oʻziga qoʻshib ota-onasini ham mas'ud etsa, bu yoqda Nodir-da «oh»; urib hammaning koʻngliga gʻuluv solmay sabr qilsa va Nilufardek oʻzgasiga dil berib uylansa, qani edi... Yoʻq-yoʻq, yuz bor yoʻq, ming bor yoʻq! Afsuski, yoʻq... Ne baxtkim, yoʻq!...

Kun kech boʻldi. Nodir otasi choshgohda chiqib ketganda qay alfozda oʻtirgan boʻlsa, hozir — kun kechida ham oʻshandoq: tizzalari ustida devorga qaragan koʻyi, boshini xam qilgancha qotib oʻtirardi. U bir narsadan boshqa — yuragini ayovsiz kuydirayotgan olovdan boshqa hech kim va hech nimani his qilmas, qilolmasdi. Abdugʻani aka koʻp yaxshi gaplarni aytib chiqib ketdi, lekin hikmatni uqib fikr qilish uchun Nodirda na aql va na kuch bor edi. Oshiqning aqli oʻrnida ham ishq olovi boʻlar ekan va u dahshatli harorat ila egasini jizgʻanagini chiqarib kuydirar ekan... Bu olovning ta’sirida oshiqning yashashga kuchi kamayar ekan. Kuch... Qanaqa kuch? Shu tobda oʻzini idora qilish uchun Nodirda qurb ham qolmagandi. Hatto noqulay alfozda devorga baqamti turib qolganini ham unutgandi bechora. «Yonidagi toʻshakka gavdasini tashlab yuborsa nima qiladi?..»; deydi shu tobda unga koʻzi tushgan har qanday odam ajablanib...

Oqshom onasi xabar olgani choy koʻtarib kirganda esa u gilamda hushidan ketib yotardi...

22

Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar, yillar... soʻngra asrlar ketidan asrlar... ming yilliklar ketidan ming yilliklar kelib ketaverar ekan. Odamlar ham xuddi shularga oʻxshaydi: avlodlar ketidan avlodlar almashib turaveradi, turaveradi. Lekin ularni bir-biridan farqlantirib-ajratib turadigan maqsad-mohiyatlari ham bor ekan. Yillar, asrlar, ming yilliklar bir-biridan oʻz shaklu shamoyili, mazmun mohiyatiga koʻra qanchalik ajralib borsa, odam bolasi ham bir-birovidan shunchalik tafovutlanib turarkan. Kimdir butun umrini tovuq katagidek keladigan doʻkonda qovoqlariga durbin qistirib soat kovlab oʻtkazsa, kimdir osmonoʻpar togʻliklar bagʻrida qoʻy-qoʻzilarni quvib, lojuvard ufqlargayu piyoladek-piyoladek keladigan zumrad yulduzlarga tikilib oʻtkazadi. Biri soatning koʻrsatgichiga qarab tong ottirib, kun bottirsa, boshqasining soati quyosh va oy boʻladi. Shunga koʻra soatsoz uchun oddiy hol boʻlib tuyulgan narsalar choʻpon uchun tushuniksiz, choʻpon uchun qadrli narsalar soatsoz uchun uch pulga qimmat turishi mumkin. Lekin ba’zan bir asrda, bir davrda va bir mamlakatda bir xil sharoitda yashab turib ham ayrim odamlar tamoman boshqa olam boʻlib qolar ekanki, buning sir-sinoati qalblarning kashshofi yolgʻiz Olloh taologa maxsusdir. Yoʻq esa, bizning qahramonlar nega oʻz davrining odamlariga oʻxshab sovuq aql bilan, chuqur mulohaza bilan ish tutmaydi: kezi kelganda — doʻppi tor kelganda ulardek koʻngilga «Tuf!»; deya, bir-birovidan, nihoyasiz iztirob keltirayotgan muhabbatdan voz kechib, sharoitning, an'anayu udumlarning, ota-onayu amma-xolaning xohishini qilib ketavermaydi? Axir hamma shunday yoʻl tutayapti-ku!.. Odamlarga qarasangiz, qoʻllarida butun bir boshli roʻyxat yuradi: boʻyi yetgan qizning qoʻlida yigitlarning, boʻzyigitning qoʻlida esa qizlarning... Bir boshdan nomzodlarning foydalilik koeffitsenti diqqat bilan tekshirib chiqiladi. «Bu qizga uylansam, ota-onasining koʻmagida falon joyga, piston boylikka ega boʻlaman, vallohi a’lam...»; deb mulohaza yuritadi bugungi kuyovlar. Kelinlar-chi, kelinlar? Ular kuyovlardan qolishadimi? Chuchvarani xom sanamang, doʻstim... Ular yana-da ustomon boʻpketishgan. Ular oʻtgan asr kelinlaridek andisha qilib oʻtirishmaydi: boʻlajak kuyovning baland boʻyiyu kelishgan qaddi-qomati, olmosdek aqlidan tashqari qoʻllarining «uzun-qisqaligi»;ga asosiy e’tiborni qaratadi. Ha-ha, ishonavering, sizning baxtli nomzodingiz agar oʻsha roʻyxatda boʻlsa, oʻz boʻyingizning baland-pastligi bilan birga ota-onangizning hamyonlaridan tortib yashaydigan uyingizning boʻyi-bastigacha koʻrikdan oʻtishi shart boʻladi. Koʻrikning shartlari ayovsiz: oʻz boʻyingiz toʻgʻri kelib, uyingizniki kelmasa, taqdirdan oʻpkalayvering. Kelin tushmagur hech ikkilanmasdan aziz nomingiz ustiga chiziq tortadi va navbatdagi nomzodga «xumor»; koʻzlarini tikadi... Ana shunaqa gaplar...

23

Ammo-lekin qaxramonlarimiz Nodir va Nilufarning tutimi oʻzgacha boʻldi. Na Nodir Nilufarning rahbar otasidan biron manfaat kutar edi, na Nilufar Nodirning kambagʻal oilasiga kelin boʻlib tushishdan tashvishga tushardi. Shu tobda ularning xayollaridan hatto institutdagi oʻqishu kelajaklari bilan bogʻliq rejalari ham chiqib ketgandi. Faqat bir narsa — birga boʻlish, bir-birlariga yetishishgina butun borliqlarini band etgan, bandi qilgan edi. Qolgan hamma gaplar, tashvishlar ular uchun havoda uchib yurgan chang zarrasidek ham ahamiyatga ega emasdi. Alhazar, hazor hazar, ammo shu tobda bir-birovlaridan tashqari barcha, butun dunyo yer qa’riga gʻarq boʻlsa-da parvolariga kelmas, zarra e’tibor qilmas holdaydi ular...

Sen boʻlsangu men boʻlsam mavjud,
Boʻlsa yana koinot nobud,

deguvchi holga tushgandilar ular... Ya’ni dunyoda ikkimiz mavjud boʻlsak va ikkimizning ishqimizga, birgaligimizga, baxtimizga raxna solguvchi hamma narsa, jamiki borliq, butun koinot nobud boʻlsa!.. Astagʻfirulloh, astagʻfirulloh... Bu ne holkim, bagʻrida kishi butun olamni unutgay? Olam ne, oʻzni unutib, oʻzdan voz kechib, oʻzni tark etib, yor ishqining qilichiga hayotini havola etgay! Bu ne holkim, bandida kishi oʻz sha’nini esdan chiqargay? Sha’n ne, ismini unutgay va yorining nomini aytib mast yurgay... Bu ne holkim, qa’rida kishi bemor boʻlgʻay va bu ne bemorliqkim, xasta oʻz dardini, dardini va faqat dardini suygay?..

Ha, Nodir bemor edi, Nilufar bemor edi va ularni oʻz dardlaridan oʻzga hech narsa qiziqtirmasdi. Nodirning dardi Nilufar, Nilufarniki Nodir edi. Ularning borliqlari, dunyoga kelib topgan birdan-bir boyliklari bir-birlari edi... Nodirsiz Nilufarga, Nilufarsiz Nodirga dunyoning nafaqat qizigʻi, balki keragi yoʻq edi... Nodirsiz dunyo Nilufar uchun quyoshsiz oʻlkadek zulmatga gʻarq boʻlardi, Nilufarsiz dunyo Nodir uchun havosiz boʻshliqdek oʻldirguvchi edi. Bas, shunday ekan, Nodir uchun Nilufarni, Nilufar uchun Nodirni yoʻqotish...bu har ikkisi uchun ham oxir zamon: dunyoning ostin-ustin boʻlishi bilan teng edi...

Dunyoga keb topganim sensan!

Yoʻqotganim ham sen dunyoga kelib...

deb aytgan boʻlardi shu tobda agar ular shoir boʻlganlarida!.. Lekin ular shoir emasdi va jimgina kuyardi. Kuyib sukut saqlardi Nodir, sukut saqlab kuyardi Nilufar...

24

Bu yoqda esa karnay-surnayini chalib toʻy boshlandi...

25

Nodir esa bu vaqtda kasalxonada yotardi. Doʻxtirlar darmonni unga osma ukollaru hapdorilar orqali berishga tirishardilar. Chunki Nodirning oʻzi hali ham bir tishlam non yemasdi, istamasdi. Ustiga ustak, tildan ham qolgandek gapirmasdi. Ma’nosiz koʻzlarini shipga tikkancha, ayni chogʻda bir necha chaqirim naridagi toʻyning nogʻorayu sogʻarasining mahv etuvchi ovozini eshitgancha yotgani yotgan edi. Faqat gohi-gohida bu koʻzlardan yanoqlarni kuydirib oʻtguvchi achchiq yoshlar dumalab tushar, boshida yigʻlab oʻtirgan onasi yo singlisi qoʻlidagi dastroʻmol bilan artib piqqillashardi...

26

Qoʻlingizni bering, oʻquvchim, yuring, ketdik. Yuring, dangʻillama toʻyning sababchisi, hamma atrofida girdikapalak boʻlayotgan goʻzal Nilufarning holidan xabar olaylik-chi! Balki ota-onasidan tortib, dugonayu oʻrtoqlarining, qarindoshu begonalarning xushomadlari, qat-qat sovgʻayu in'omlari uning Murodjonga boʻlgan koʻnglidagi muz togʻini eritib yuborgandir, boʻlaqoling endi...

Qarang-a, eshikni ochib, tashqariga bir odim otmay turib, karnay-surnayning sadosi quloqni qomatga keltiradi. Biri Kamol rahbarning uyidan — qarshi tarafdan kelayotgan boʻlsa, boshqasi yon mahalladan — hokim toʻraning uyidan chiqayotgandi. (Tavba, kimga aza, kimga toʻy...) Nafsilamrini aytganda, mingtepaliklar anchadan buyon bunaqangi uzuqora toʻyni koʻrgan emasdi: qoʻsha-qoʻsha karnay-surnayning, nogʻorayu doʻmbiraning olamni buzarchasiga chalingani oʻz yoʻliga, qishloqning torgina chang yoʻllari turli xil rusmdagi mashinalaru shaharlik va qishloqlik odamlarga toʻlib ketgandi. Xuddi chet el kinolaridagi gavjum koʻchalarni yodga solardi bu manzara. Xoʻsh, nima boʻlganda ham odamlaru mashinalar oralab, soʻng tirband ostonani arang hatlab Nilufarga intilamiz. Bir-biriga gal bermay, xuddi arilardek toʻzib, tartibsiz ravishda kirib chiqayotgan qiz-juvonlarga turtila-surtila amallab «kelin»;ning boʻlmasiga yetib olamiz. Ochiq eshikdan shundoq koʻrinib turibdi: Nilufar tizzalarini quchib, yuzini tizzalariga bosib oʻtirib olgan, tepasida qoʻllariga oppoq fatani ushlab olgan toʻrt-beshta ayol nimanidir jon kuydirib uqtirgani uqtirgan, lekin ular har qancha zoʻr berishmasin, Nilufarning boshi «Yoʻq!»; ma’nosida sarak-sarak boʻlgani boʻlgan edi... Yoʻq, oʻquvchim, sizni men ortiq bu jon oʻrtar manzara qarshisida tutib turolmayman. Nilufarga qoʻshilib mening ham yuragim «tars»; yorilib ketay deyapti, havo yetishmay qoldi bu yerda, yuring tashqariga, yuring Mingtepaning koʻm-koʻk dalalariga...

27

Qarang, bir-birlariga ulanib ketgan bogʻlar naqadar goʻzal! Xuddi jannatdan bir namunadek jon olgʻuchi, koʻz yashnatguvchi, dil sayratguvchi!.. Xilma-xil daraxtlar bagʻriga gʻarq boʻlgan qishloqni qoldirib ajabtovur tarzda koʻm-koʻk dalalar, quloqqa xush yoqib oqayotgan katta-kichik ariqlar, ular yoqalab ekilgan tutzorlar, terakzorlar boʻylab borar ekanmiz, saraton quyoshidan boʻgʻriqqan, toliqqan, isiblar ketgan butun vujudimizga mayin salqinini sochib, pishqirib yotgan suvga — daryodek buralib-buralib oqayotgan sursuv, sergʻuluv kanalga yaqinlashamiz. Va... va ortimizda qolgan Nodir va Nilufarning dardlaridan ozurda boʻlgan qalblarimiz rohatbaxsh tin olib oʻziga kela boshlaydi. Qarang, olam unchalik qorongʻi va zulmkor emas ekan!.. Unda kulishga, sevinishga, hayratlanishga imkon va joy bor ekan... Qarang, goʻyo hech kimni tan olmaydigandek, oʻz kuchi va qudratidan joʻshib, toʻlqinlanib, pishqirib oqayotgan bu asov suvga qarang, koʻzlaringiz tinib ketadi. Qarang... Voh!.. Kim boʻldi bular!?.. Qudratingdan! Nodir bilan Nilufar-ku! Nega ular suvning ikki qirgʻogʻida? Nima qilyapti ular bunda!? Qandoq kelishdi? Nega kelishdi? Toʻy nima boʻldi? Odamlar qani?.. Tavba, anavi kanalning har ikki chetidan shovqin solib kelayotganlar Nodir bilan Nilufarning qarindoshlari emasmi?.. Xuddi oʻshalar! Yana toʻydagi hangomatalablar ham shunda-ku!.. Voh-voh...

Nodir va Nilufar arang chopib kelardilar. Bu ketishda hash-pash deguncha ortlaridan quvlayotgan olomonning hatto eng qarisi ham, eng betobi ham ularga yetib olardi. Shuning uchun soch-soqoli oʻsib, koʻzlari ich-ichiga botib ketgan, rangi oʻchgan kasalxona kiyimidagi Nodir ham, oq koʻylak — dugonayu xolalari nihoyat zoʻrlab kiydirishgan fatasi chopganida ozgʻin badaniga chippa yopishib xalloslab borayotgan Nilufar ham vaqti-vaqti bilan toʻxtagandek boʻlib bir-birlariga talpinishar, suvga qarab intilishar, lek tobora yaqinlashib, «Quv, nobakorni!»;, «Ushla benomusni!»; deya bostirib kelayotgan odamlardan qoʻrqib yana yugurishda davom etishardi... Biroq... biroq bir necha haftadan buyon deyarli hech nima yemagan, dardu alamdan, ochligu darmonsizlikdan bir ahvolga kelib qolgan Nodir bilan Nilufar qachongacha va qaergacha qochib borardi, deysiz. Ular kuchsizlikdan goh oʻz oyoqlariga oʻzlari chalishib yiqilar, goh esa xuddi boshlari aylanayotgandek vujud muvozanatini yoʻqotar-da oldinga munkib tuproq bilan birma-bir boʻlishardi. Bu orada esa baqir-chaqir qilib olomon yetib keb qoldi. Voh, endi hammasi tamom! Nodir va Nilufarning hollariga voy! Ularning ayanchli sevgi qissasi shu yerda yakun topdi, voh, voh!.. Chunki endi quturgan olomon qiz bilan yigitni sogʻ qoʻymaydi: yo sochlaridan sudrab borib birini Murodga erga beradi, boshqasini esa el aro sazoyi qiladi yoki ikkisini ham shu yerning oʻzida toshboʻron qilib koʻmib ketadi!.. Alvido, ey sevishgan gʻamgin dillar, alvido, ey sevgidan oʻzgasini tan olmay manfaat va hisob-kitoblar quli boʻlmish olomonning yuziga sachragan toza tuygʻular! Alvido!!!

Olomon yetib keldi. Ana u, ana! Bir-biriga gal bermay oldinga oshiqayotgan, xuddi ogʻir gunoh qilgan jinoyatchiga birinchi boʻlib musht tushirgisi kelgandek mushtlarini havoda oʻynatayotgan koʻzi qon va jaholatga toʻlgan olomon ana! Ba’zilarining qoʻllarida hatto kaltak, tosh ham koʻrinadi... Nega? Axir ular orasida Nodir va Nilufarning qon-qarindoshlariyu jon doʻstu dugonalari ham bor-ku! Nega ularning ham qoʻllarida tosh va tayoq? Nahotki ular-da oʻz jigarbandlariyu doʻst—birodarlariga qoʻl koʻtarishga qodir boʻlishsa! Yoʻq-yoʻq, bu mumkin emas! Biroq nega kelishdi? Nega ularning ham qoʻllari gʻazab bilan tugilgan? Bilmadim, yecholmadim men bu jumboqni, oʻquvchim! Oʻzgalarning fikri, dunyoqarashi, kayfiyati senikidan boshqacha boʻlganda ularga dushman koʻzi bilan qarash odatini hazm qilolmadim men, doʻstim! Bu dunyoda har kimning oʻz karvoni, oʻz yoʻli va manzil-muddaosi borligini hamda bularning bari biznikiga oʻxshashi shart emasligini qachon tushinib yetarkin bu olomon, a?!..

Voh, jigarim, gap bilan boʻlib gʻaflatda qopmiz... Bu tentak Nodir bilan Nilufar nimalar qilishmoqchi oʻzi? Nega ular bir-birlariga talpina-talpina naq suvning — qutirib, buralib-buralib, aylanib-aylanib, guvillab-guvillab oqayotgan azim kanalning shundoq tumshugʻiga kelib qolishibdi! Axir, tushib ketishlari mumkin-ku!.. Nega, nega bu gap uqmas, «Suvda choʻkmas, oʻtda yonmas»; olomon toʻxtamaydi! Nega, nega oʻz bolajonlari, oʻz jigarbandlari, oʻz birodar va oʻrtoqjonlari jar yoqasida turganliklarini anglamaydi! Nega ular yuraksiz va aqlsiz maxluq kabi jonlari qil ustida turgan oʻz polaponlari sari bostirib boraveradi, boraveradi?..

Nodir va Nilufar! Nilufar va Nodir!.. Ular shundoq pishqirib oqayotgan suvning labida, faqat biri u tomonda boʻlsa, boshqasi bu yoqda edi. Ularning koʻzlari na quturib oqayotgan daryoda va daryodan-da battar olomonda, balki bir-birlarida edi... Sogʻinishgandi... Ichikishgandi... Endi bir-birlariga boqib toʻyishmasdi goʻyo. Qoʻrquv va hayajondan vujudlari dir-dir titrar, lekin umid va muhabbatdan koʻzlari chaqnab turardi.

Olomon!.. — pa’dariga la’nat shu olomonning!.. — oʻz tabiatiga sodiq qoldi-da, oʻz johilliklari va qiziqishlarining, jirkanch e’tiqod va a’mollarining oʻljasi — isyonkor sevishgan dillar sari chang soldi va... Va hammasi tamom boʻldi: Nodir ham, Nilufar ham bir zum ham taraddudlanmasdan, ikkilanmasdan oʻzlarini quturib oqayotgan suvning qa’riga baravariga otdilar!.. Ha-ha, aynan shunday qildilar! Chunki orqadan pusib-bostirib kelayotgan olomon ana oʻsha quturib oqayotgan suvdan-da qoʻrqinchliroq edi ular uchun! Olomon-chi? Bu orada uning nafasi ichiga tushib ketdi. Faqat bir necha muddatdan keyingina sarosima ichra «Oh!!!»; lab yubordi. Kimdir boshini changalladi, kimdir choʻkkalab oʻtirib qoldi va yana kimdir qutirgan toʻlqinlar bagʻrida koʻtarilib-tushib oqib borayotgan oshiq va ma’shuq bilan baravar chopib borardi. Aslida, chopib borayotganlar ham ikki katta guruhga boʻlinardi: birlari yordam berish, boshqalari tomosha ilinjida. Oʻh-hoʻoʻoʻ, bularni aytaman desak, qogʻoz yetmaydi, qogʻoz yetsa, fursat... Yaxshisi, Nodir va Nilufarga qaytaylik. Bu yerda gapirishga va eshitishga arzigulik bitta mavzu boʻlsa, u ham Nodir va Nilufarga tegishli: Ishq! Ularning gavdalarini qudratli toʻlqinlar uchirib-uchirib yuborar, boshlari dam suv ostiga kirib-kirib ketar, dam undan chiqib koʻrinib oqardi. Shunda Nodir ham, Nilufar ham bir-birlariga talpinib tobora yaqinlashishga urinayotgani ma’lum boʻlardi. Lekin asov suvni yengib, topishish, bir-birlarining sogʻingan, intiq bagʻirlariga kirish oson emasdi. Ana yetdik, mana topdik, deganda qutirgan toʻlqin bir hamladayoq har ikkisini qarama-qarshi tomonlarga sochib yuborardi. Keyin yana hammasi boshidan boshlanardi...

Bu orada qosh qorayib, quyosh uzoq ufqqa bosh qoʻyayotgan, atrofga vodiy yozining fusunkor oqshomi choʻkkandi...

Nilufar va Nodir hamon oqib borardi. Olomon ham hayhotdek kanal boʻylab sochilib ketgandi. Ular qiyqirishar, yigʻlashar, qargʻanib soʻkinishar va ora-sirada suvga qarab shox-shabba, yogʻoch va gʻoʻla otishar, shu yoʻsin oqib ketayotganlar jonini qutqarib, vijdon azobidan xalos boʻlmoqchi ham boʻlishardi. Lekin suvdagilar buni na bilishdi, na sezishdi. Chunki oqim juda katta, toʻlqinlar qudratli edi. Ularning butun diqqatlari faqat bir-birovlariga qaratilgan, bundan oʻzga narsani — butun dunyoni unutishgandi. Shunda ham koʻp marta bir-birlarini yoʻqotib qoʻyishdi. Hozir ham shunday boʻldi. Kuchli, asov toʻlqinlar ularni ayirib tashladi. Ular uzoq muddat bir-birini koʻrmay oqishdi. Yutoqqan toʻlqinlarga qarshi kurash hech qanday samara bermadi. Ular buncha harakat bilan allaqachon qirgʻoqqa ham chiqib olishardi. Lekin xohlashmadi. Nilufarsiz sohil Nodirga, Nodirsiz najot Nilufarga kerak emas edi! Chirpinib Nodir baland-baland toʻlqinlar ortidan Nilufarni izladi, Nilufar esa Nodirni! Yoʻq! Har qancha urinishmasin, ular bir-birlarini topisholmaydi. Hayhot!!! Va dunyo oʻz qiymatini yoʻqotdi! Shu tobgacha bor edi oʻsha qiymat, endi esa yoʻq! Shuncha oqib kelishdi, bor edi, qutkrgan toʻlqinlar ham mahv etolmagandi, endi yoʻq! Shunda Nodir angladiki, dunyoning qiymati Nilufar ekan, Nilufar tushunib yetdiki, Nodir ekan!!! Nilufarsiz dunyo jonsiz vujud, Nodirsiz dunyo esa quyoshsiz olam ekan!..
— Ni-lu-faaar!!! — chaqirdi jonining boricha Nodir.
— No-diiir!!! — chaqirdi jonining boricha Nilufar.

Yoʻq, ular bir-birlarini eshitmadi. Lekin ularning qalblarini yorib chiqqan dodlari Xudoyimga yetib bordi. Ularni Xudo eshitdi! Yoʻqsa, shunday boʻlarmidi, ayting! Yoʻqsa, tilsiz-quloqsiz toʻlqinlar togʻdek yuksalib, qutirgan suvning ikki betida oqib borayotgan ozurda dillarni, madorsiz vujudlarni bir-birining bagʻriga keltirib tashlarmidi? Ayting!.. Yoʻq, aytolmaysiz, tushuntirib berolmaysiz buning neligini! Mening ham tillarim tugilgan, aqlim lol, fikrim tor... Ammo muhimi, bu emas! Muhimi, ana ular! Qarang, qandoq xursand, qandoq nash'ali ular! Goʻyo olamda ulardan baxtli odam yoʻqdek bir-birlariga suykalishadi, kulishadi, titrashadi... Faqat... faqat nega ular endi oʻz jonlarini qutqarib qolishga talpinishmaydi, nega bir-biroviga chirmashgan koʻyi oʻzlarini oqimning ixtiyoriga tashlab qoʻyishdi, nega? Madorlarimi qolmadi yoxud ikkala qirgʻoqda baravar chopib baqirib kelayotgan olomonning qoʻliga qayta tushgisi kelmadimi, nima boʻldi oʻzi, ayting, tushuntirib bering! Nahot ular bir-birlariga yetganda oʻzlarini halok qilishsa? Shuncha voqeadan keyin balki olomon ham esini yigʻar, Kamol rahbar ham insofga kelar-da, Nodir va Nilufarga oq fotiha tilar... Faqat nega, nega ular qirgʻoqqa suzishmaydi, nega jimgina oqib borishyapti!?.. Axir anavi toʻlqinlar ularni yutib ketishadi-ku!.. Ana, ana!!! Ehtimol, shuning uchun ham Layli Majnunga qarab «Sen boʻlsangu men boʻlsam mavjud, Boʻlsa yana koinot nobud»; deya iltijo qilgan ekan-da. Chunki sevishganlarning ishqiga dunyoning oʻzi gʻov boʻlishini Layli oʻz taqdirlari hal boʻlmasdan ancha ilgari anglaganga oʻxshaydi. Oʻzlari mavjud boʻlib, butun koinot nobud boʻlgan taqdirdagina birga, baxtli boʻlishlari mumkinligini, aks holda oʻzlari nobud boʻlishlarini bilgan ekan, oh!..

...Nodir va Nilufarning bir-birlariga suyanib qolgan boshlari toʻlqinlar aro bir kirib, bir chiqib koʻrinib borar va tobora uzoqlashgan sari bittaga — yagona borliqqa aylanib borardi. Ular endi atrofni, olomonni, olamni unutishgan va hech qanday harakat qilishmasdi. Kim biladi deysiz, ularning hayotdagi eng baxtli damlari ayni shu bir necha daqiqada kechgandir... Va shu damni shundoq ham omonat jonni qutqarib qolishga sarflab buzishni istashmagandir. Xudo biladi, qirgʻoqqa chiqib qutulgan jonlarida yana shunday baxtli boʻlish imkoni boʻladimi-yoʻqmi?!.. Nima boʻlganda ham oʻlimkor toʻlqinlar Nodir va Nilufarning mungli va magʻrur boshlarini manguga gʻarq etganda ular bir-birlarining quchoqlarida mas'ud edilar...

...Halloslab, shovqin solib kelayotgan olomonning tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, taqqa toʻxtadi. Eng oldingi safda turgan Kamol rahbarning qoʻlidagi kaltak sirgʻalib tushdi, soʻng oʻzi ham uning qatoriga hushsiz yiqildi...

28

...Ana shunaqa, oʻquvchim. Ushbu qaygʻuli, lekin magʻrur jaranglovchi sevgi qissasi mingtepaliklarning xayolini mana, qariiyb oʻn yildir, hech tark etmaydi. Aksincha, har zamon har zamonda u yoki bu oshiq-ma’shuqning taqdirlari orqali yana tillarga tushadi, qayta va qayta hikoya qilinadi. Eng qizigʻi, har bir hikoyachi uni oʻz koʻzi bilan koʻradi, oʻz nazari bilan muhokama etadi va oʻz hukmini chiqaradi. Xuddi bizning qoramagʻiz, shahlo koʻz Aziza kabi ota-onayu urf-an'ana tomonda turib olganlar qancha boʻlsa, Samandar yangligʻ mutlaq muhabbatni himoya qilib gapiradiganlar ham shuncha edi. Ammo hamma bir narsada goʻyo yakdil edi: sevgi deganlari bu — shunchaki yoqtirish, shunchaki bir birlariga mahliyo boʻlish va shunga yarasha oh-voh emas ekan. Yoʻq! Yuz bor yoʻq, ming bor yoʻq!!! Sevgi uchun kishi ba’zan nafaqat dunyoning koʻz oluvchi nagʻmalaridan, mansabu martabasidan, boyligu as'asasidan, balki shirin jonlaridan ham voz kechishlari mumkin ekan! Buni mingtepaliklar oʻz koʻzlari bilan koʻrdi, ishondi va iymon keltirdi. Inson balogʻatga yetgach, yon-veridagi yigit yo qizga koʻngli iyib, vaslini talab etib, ehtiros bilan boqishlar, talpinishlar... soʻng aql kirib, sovuq mulohaza bilan ish koʻrib, ijtimoiy mavqedan kelib chiqqan holda ota-onayu qarindosh-urugʻ yoʻrigʻiga yurib, boshqasi bilan turmush qurib ketishmi yo tarozuning bir pallasiga butun dunyoni, boshqasiga sevgisini qoʻyib, «Tanla!»; deyishganda, hech ikkilanmasdan muhabbatining qoshida toʻxtashmi? Qaysi biri chinakam sevgi, haqiqiy ishq ekanligi mingtepaliklar uchun endi sir emasdek goʻyo! Endi ularning xayollarini sevgi toʻgʻrisidagi boʻlar-boʻlmas, yuzaki choʻpchaklar bilan aldash qiyin! Endi ular zamondoshlarining sevgi bobida «oʻldim, kuydim!»; deyishlariga sinovchan boqishadi-da, «Sabr qil, oʻtib ketadi, oʻtib ketmasa, keyin gaplashamiz»;, qabilida harakat qilishadi. Va kim boʻlishidan qat'i nazar, hammaning muhabbatini istar-istamas Nodir va Nilufarning tillarda doston boʻlgan ishq afsonasiga chogʻishtirishadi, mulohazalar qilishadi, xulosalar chiqarishadi. Albatta, qarashlar har xil, lekin ularning barchasini birlashtiradigan bitta tomoni boʻladi: mingtepaliklar Nodir va Nilufar sevgisiga oʻzlari bilib-bilmay koʻngil qoʻya boshlagandi. Oralaridan hatto tanqid koʻzi bilan qarovchilar ham oʻz dillarining tub-tubida bu ulkan, bu otashin va bu qaytmas muhabbatga nisbatan hurmat va e’zozni sezib yashashadi. Endi Mingtepada nima qiyin?.. Gapning indallosi, qoyillatib sevish qiyin. Sevganda ham Nodir va Nilufarning ishqlari qarshisiga borib boʻylashish qiyin!..

29

Togʻdan qancha uzoqlashsang, uning salobati, haybati, ulugʻvorligi shuncha yuksaladi, deyishadi. Avvaliga shirin va qaygʻuli ertakdek onasidan takror va takror eshitgan sevgi qissasining qiymati Samandar uchun yillar oʻtgan sayin orta bordi. Xuddi ortda qolgan Vatanning qadri vaqt oʻtgan sari bilinib, yuksalib borgani kabi uning ham yuragida bu mungligʻ va dilrabo dostonga nisbatan ayricha mehr alanga olib yondi. Faqat bu emas. Nodir va Nilufarning sevgi dostoni — Mingtepada eng tansiq, eng xush tasmadek qayta-qayta eshitiladigan doston Samandarning yuragini, ha-ha, aynan murgʻak yuragini tarbiya qildi. Kitoblar, Layli va Majnun kabi qoʻlidan tushmaydigan dostonlar, keyinroq — Samandar yuqori sinfga oʻtib, ancha esini tanib qolgandan soʻnggina uning ongi va qalbini rom etdi. Aslida, Majnun va Laylining tilidan aytilgan sevgi izhorlari, iztirob va ogʻriqlari Nodir va Nilufarning holatiga mos tushganligi, magar ular shoir boʻlganlarida oʻz koʻngillarini aynan mana shunday oʻtligʻ misralar orqali toʻkib solishlari mumkinligi uchun ham u bu dostonga mehr bogʻladi. Va Samandar uni boshdan oyoq yod oldi. Uning nazarida Nodirni Majnundan, Nilufarni Laylidan ajratib boʻlmasdi. Ular oʻz holatlarida — ishqqa choʻmgan, ishqqa gʻarq boʻlgan hollarida tengdirlar, birdirlar!.. Mana, koʻrmaysizmi, shu tarbiyaning oqibatida Samandar Aziza bilan tortishib, bechora qizning koʻngliga qaramay, hatto uni ogʻritib, teskari qaragancha Majnunning ohu vohlarini oʻz-oʻziga aytib borayapti:

Layli ishqin tanimda jon qil,
Layli shavqin rangimda qon qil.
Dardini najotim et, Ilohiy,
Yodini hayotim et, Ilohiy!..

Yigitning ketidan iztirob bilan qarab qolgan qiz namlangan koʻzlarini yashirish uchun paxta terimiga unnab ketdi...