OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Ulugʻbek Hamdam. Soʻz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiSoʻz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soʻz (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

— Shuncha koʻzgular kamlik qildi-a, sizga... Undan koʻra kelib, koʻzim oynasiga qarang, bu yerda siz oʻsha-oʻshasiz, sira oʻzgarmagansiz... – saslandi erkak negadir xotinini «siz»lab.

Ayol adoqsiz minnatdorchilik bilan jilmaydi.

Eru xotin - qoʻsh xoʻkiz, hademay baravar ishga tushib ketishdi: ayol anchadan beri qarovsiz qolgan imorat ichiniyu tashini supurib-sidirdi, erkak boʻlsa, oʻchoq osib, oʻtin yordi. Bir pasda dalahovli sarishtali-farishtali makonga aylandi.
— Va’da qilgan oshingiz qachon pishadi? - ichkaridan ayolning nozli ovozi keldi.
— Sizni kuttirmaymiz, xonim! - qichqirdi erkak sabzini maydalab toʻgʻrarkan. – Bir soatda dasturxonga qoʻymasam, har balo boʻlay.
— Tavba, deng, farishtalar hamma gapga omin deydi-ya. Uzoqroq qaynatavering, shirinroq boʻladi.
— Siz nima desangiz - shu, jonim. Aytdim-ku, endi faqat oʻzimiz uchun, siz uchun yashayman, deb! Hozir, zirvagini tayyorlab, tuzini koʻrib olay, sizni pastga, daryoga olib tushaman!
— Oqib ketmaylik, tagʻin...
— Qoʻrqmang, sizni shu choqqacha oqizmadik, bundan buyon ham ehtiyot qilamiz...

Bir pasdan soʻng er xotinining qoʻlidan tutib, pastga - suvning boʻyiga boshladi. Suv deganimiz Chirchiq daryosining bir qoʻli boʻlib, u katta shaharga kirayotganda Boʻzsuv, kirib olgach esa Anhor deb ataladi. Bu yerda uni Zaxariqdaryo deyishadi. Chindanam kattakon, naq daryo deysan. Lekin daryodan nimasidir kamga oʻxshaydi, shu uchun boʻlsa kerak, nomining ichida arigʻi bor. Qiziq-a, bir qarasang, daryo, bir qarasang, ariq! Ustiga ustak, zaxi ham mavjud. Suv oqqan joyda zax boʻladi-da! Ha, nima, Zaxariqdaryoga qarab, birov zax suvni, birov ariqni va yana boshqa birov daryoni koʻrsa koʻraversin. Hamma ham bu dunyoda niyatiga yarasha nasibasini olaverar ekan-da. Boshqa tomondan, oʻsha uchta “birov”ning bitta odamga aylanib, Zaxariqdaryoni hayotining uch pallasida uch xil koʻrdim desa, nima deysiz? Masalan, yoshligida daryo, oʻrta yoshida ariq va keksayganda zax suvni koʻryapman, deb qolsa-chi?.. Bundan chiqdi, faylasuflar aytganlaridek, olam bu bizning tasavvurimizmi? Odamzod nimani koʻrishni xohlasa, shunga roʻbaroʻ keladimi?.. Eh, bularning siriga kim yetibdiki, biz yetsak... Anglab yetganimiz birgina narsa shuki, dunyoda hamma narsa tashqaridan koʻringanidek emas, yoʻq!..

Xullas, Zaxariqdaryo buralib-buralib oqib yotardi. U ham faslga mos kiyingan: tiniq, muloyim mavjli matodan tikilgan koʻylagini ustiga yengilgina tashlab olgan. Shunday yengilki, xuddi hademay uni ham chiqarib otadigandek avzoyi bor.

Suv boʻyiga kelishgach, er sargʻayibroq qolgan oʻt-oʻlanni qayirib, uydan olvolgan toʻshakchani toʻshadi-da, “marhamat qilsinlar!” deya iltifot koʻrsatdi. Xotin avaylanib oʻtirib boʻlgach esa er uning qoʻlini tutgancha yoniga choʻkdi. Ular bir maromda oqib, erkalanib yotgan suvga qarab jim qolishdi. Keyin atrofni koʻzdan kechirishdi, undan-bundan gaplashishdi. Gap gapga ulanib, uzoq oʻtirishdi. Nihoyat, “Chindan ham inson umri suvga oʻxshar ekan” degan ming yillik, ammo birgina toʻxtamga kelishdi. Koʻngillarga andak kuzsimon hazinlik inganda esa erkak ayol barmoqlarni birin-sirin labiga olib borib oʻpdi. Keyin engashib, ayolning farangi atir anqib turgan boʻynini dudoqlari bilan erkaladi. Ayol qiqir-qiqir kuldi. Erning zavqi oshdi... “Jiming! Osh nima boʻldi?” - ayol ildam oʻrnidan turdi. “Qoʻyaber, nima boʻlsa boʻlar” - erkak ayolni yana bagʻriga olmoqchi boʻldi. Lekin ayol tizginni oʻz qoʻliga oldi: “Yoʻq, yuring!”.

Ular boshlashib tepaga koʻtarilishdi. Erkak qozonning boshiga bordi. Suvi tagida qolibdi. Oʻchoqning biqiniga tiqib qoʻyilgan va hozirga kelib varaqlab qaynayotgan qumgʻondan quyib, oshning suvini me’yoriga keltirdi. Soʻng yorilib, yonboshga taxlab qoʻyilgan oʻtindan ikkitasini qaladi-da, xotinning yoniga qaytdi.

Ayol tepalikda joylashgan hovli sahniga qoʻyilgan karavotda iyagini suyanchiqqa tiragancha pastlikka – huv uzoqlikka, kaftdagidek aniq-tiniq koʻrinib turgan kengliklarga, ularning etagidagi togʻlarga koʻz tikib, oʻz xayollariga gʻarq holda oʻtirardi.

“Bu kengliklarda nimangni yoʻqotib qoʻyding, malikam?” - er xotinining orqa tomonidan yaqinlashib, yelkasidan quchdi. Ayol “hech... oʻzim...” - dediyu mayin jilmaydi. “Bilasanmi, endi nima qilamiz?” - ayolning koʻzlariga qaradi erkak. “Nima?” - soʻradi ayol. “Yashaymiz! Inson boʻlib! Insonlardek yashaymiz!” - shoshildi erkak. Ayol javob oʻrniga tagʻin jilmaydi. “Bir vaqtlar seni dunyodagi eng baxtli ayolga aylantiraman, deb soʻz bergandim, esingdami? Haliyam oʻsha soʻz - soʻz. Qaytgan - nomard!” - er xotinning yoniga oʻtirdi. “Ortimizga qarasam, koʻnglim yayraydi: bir oʻgʻil, bir qizni tarbiyalab elga qoʻshibmiz. Martabali joylarda ishlab dunyomizni bezabmiz. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ortimizda boʻpti. Yana nima kerak odamga-a, xotin!?.. Endi koʻrasan, bundan buyogʻi yanayam zoʻr boʻladi, eshityapsanmi, zoʻr!” - shavqlandi er. Ayol tagʻin jilmaydi. Er esa uni tagʻin quchdi...

Xotin turib guruchni yuvib berdi. Er oʻchoqning olovigayu ovqatning tuziga qaradi.
— Oʻzim senga bi-i-ir osh qilib beray.
— Har doim qilib bergansiz-ku.
— Bunisi boshqacha boʻladi, malikam, boshqacha.
— Sizga bugun nima boʻlyapti oʻzi, dadasi?!..

Keyin birgalashib oshni damlashga kirishishdi: xotin idishni tutdi, er kapgir bilan undan guruch olib qozonga aylantirib sola boshlagandi, shu asnoda kimdir chaqirib kepqoldi. Er “Ha, hozir” dediyu kapgirni xotiniga tutqazib darvoza tomonga yoʻnaldi. Xotin uning qaytishini uzoq kutmay, qolgan guruchni qozonga tashlab, tuzini koʻrdi: nazarida u mutlaqo chuchmaldek edi.
— Dadasi, bunga tuz solganmidingiz oʻzi?

“Dadasi”dan sado chiqmadi.

Xotin oʻzicha oshning namagini toʻgʻriladi: katta qoshiqda bitta qilib tuz tashladi, suv birpas viqir-viqir qaynab chiqqach, yana ta’mini totdi. Nihoyat, koʻngli toʻlib qaddini rostlagan edi, eri qaytib qoldi.
— Qoʻshni bor-ku, qariya, oʻsha. Mashinasida pechka olib kelgan ekan, qishga hozirlik. Tushirishvordim. Ilgari bilinmasdi, keksayganda sovuq jon- joningdan oʻtib ketar ekan, deydi... Sen nimalar qilding bu yerda? A-ha, oshni eplab tashlapsan-ku bir oʻzing. Kel, menga ber qoʻlingdagi kosovni, tovoqni ham oʻzim yopaman.

Shu vaqt ayolning telefoni jiringladi. - Alo! Ha, dugonajon, salom-salom. Tuzukmisan?.. - gaplashancha ichkariladi ayol.

Er oshni damlab, oʻchoqning choʻgʻini tashqariga tortdiyu obdastadagi suv bilan qorakuyaga belangan qoʻlini obdon yuvdi. Keyin artingacha ayolining ortidan uyga yoʻnaldi. Ammo eshikni ochar chogʻida xotinining gaplarini eshitib qoldi:
— Asti soʻrama, dugonajon, shunaqangi bema’ni kun boʻldiki, zerikkanimdan naq yorilib oʻlay deyapman. Bir nimalarni bahona qilib vahliyroq qaytsam kerak... Chiqqin-a oldimga kechqurun, hasratlashamiz...

Er eshik dastasini tutgan koʻyi haykaldek qotdi. Allabir zamondan keyingina uni qoʻyvorib, ortga chekindi. Garangsirab qozonning boshiga bordi. Nima qilarini bilmay, gʻayriixtiyoriy ravishda atrofida aylana boshladi. Xuddi xayolida aylanayotgan oʻsha bir juft soʻz kabi. Bu soʻzlar esa xonaga kirib qolgan bir juft xira pashshani eslatardi: miyaning ichida tinimsiz gʻingʻillardi: BEMA’NI KUN! BEMA’NI KUN! BEMA’NI KUN!.. GʻIIING, GʻIIING, GʻIIING...

Er beixtiyor hovli tomondagi eshikdan pastga, daryoga qarab enib bordi. Suvning boʻyiga choʻkdiyu nigohini oqimga berdi...
— Osh nima boʻldi? - Qichqirigʻi keldi anchadan keyin xotinining. - Hoy, qaerlarga gʻoyib boʻldingiz, dadasi?!..

Er goʻyo oʻtirgan oʻrniga mixlanib qolgan edi, qoʻzgʻalolmasdi. Shu bois xotinning oʻzi uni topib, yoniga keldi.
— Hoy, koʻzingiz ochiq uxlab qoldingizmi? - turtdi erini. - U yoqda osh tagiga olib ketgandir, deb ham oʻylamaysiz-a?!..
— Sen oshni aytasan, bu yoqda mening hayotim tagiga olib ketmoqchi-ku!. Osh tagiga olgan boʻlsa olgandir, uni qaytadan boshlash mumkin, lekin umrni-chi? Agar u tagiga olsa, yangitdan boshlash mumkinmi? - degisi keldi. Judayam keldi. Lekin xotiniga qarasa, har doimgidek beozor jilmayib turibdi. Goʻyo hech nima boʻlmagandek...
— Sizga nima boʻldi? Nega rangingizda rang yoʻq? Turing, yuring tepaga, qorningiz ochmadimi? - Erning qoʻlidan tortdi xotin. – Sal boʻlmasa, oshdan quruq qolardik. Uni buzib qoʻydim. Juda chiroyli chiqibdi. Oʻzingiz suzib keling, yaxshi koʻrasiz-ku suzishni.

Er oshni suzib keldi: goʻshti, behisi, sarimsogʻi, qalampiri ustiga marjondek tizilgan, eng yaxshi ziraning hidi ufurib turgan palovxontoʻra har qanday dimoqni qitiqlab yuboradigan darajada goʻzal va xushboʻy edi. Lekin erning ishtahasi qochgan, tomogʻidan bir qultum suv ham oʻtmas hollarga tushgandi. Shunga qaramay, xotinining koʻngli uchun kelib oʻtirdi, ra’yi-ragʻbati boʻlmasa-da, oʻzini jamlab, oldingi kayfiyatiga yaqin maromni qidirdi.
— Qani, boshlang, - dedi xotin eriga choy uzatib.

Er bir qoshiq oldi va tarrakdek qotdi: ogʻziga osh emas, goʻyo bir qoshiq tuz solgandek afti keskin bujmaydi.
— Ha-a? - dedi sergak tortib xotin. - Nima qildi? - Keyin oʻzi oshdan totib koʻrdi. - Shoʻrroq, demoqchimisiz? Hechamda.

Er indamadi. Choy xoʻplab ogʻzidagini tezroq yutishga urindi. – Tavba, dedi u ichida, - shuncha yashab, oʻz umr yoʻldoshimning ta’bini haligacha bilolmagan boʻlsam-a. Toʻgʻri, u menga qaraganda shoʻrtobroq narsalarni suyib yeydi. Ammo bu darajada emasdi-ku!..
— Xoʻp, mayli, salgina xolos. Chuchmal ekan, jinday tuz tashlagandim. Hech qisi yoʻq. Ana, daryo bor, suvi shifobaxsh, der edingiz. Achchiq qilib bir choynak koʻk choy damlab bersam, eski tuzlaringizniyam yuvib tushadi. Oling, – xotin laganga yana qoshiq urdi...
— Bir choynak emas, butun boshli daryoni qaynatib ichib yuborsam ham bugun ichimga tushgan tuzni yuvolmaydi!.. - Yoʻq, er bu gapni irod qilmadi, balki koʻnglidan oʻtkazdi... Chunki ayoliga qarasa, tagʻin jilmayyapti. Aslida, hamisha shunday boʻlmaganmi: kulgan, jilmaygan, ishqilib, eriga yoqqan-ku! Shuning uchun ham shu tobda er unga boz ergashdi. Faqat qoshigʻi bu safar guruchga emas, beixtiyor behiga qarab “qochdi”. Oʻh, u ham tuzga botirib pishirilganga oʻxshardi. Er tagʻin choyu non bilan ogʻzidagini yamlab yutdi. Xotin esa mulozamat koʻrsatishdan charchamasdi. Er guruchu behidan avaylanib, goʻshtga “elchi” yubordi. “Muzokara” yana oʻshanday - ayanchli yakunlandi...

Qiziq, tushgacha havo biram ochiq, biram yoqimli ediki, qarab kishining bahri dili qulf urardi... Endi koʻkda toʻda-toʻda bulutlar paydo boʻldi, osmon yuzi qorayib, yerda uning koʻlankasi kezina boshladi. Koʻp oʻtmay, falak toqi qarsillab bir yorishdiyu shigʻalab yomgʻir yogʻdi. Er-xotinning yonginasidagi derazaning ochiq bir qanoti kesakisiga kelib urilgan edi, ikkalasi ham bir choʻchib tushishdi...

Ular dala hovlidan tezgina qaytishdi.

* * *

Xotin har doimgidek uy ishlari, nevaralar, qavmu qarindoshu qoʻni qoʻshni, ayniqsa, dugonalari bilan andarmon boʻlsa-da, lekin er... erning “kemasi teshilib qoldi”. Undan sizib kirayotgan suv esa tobora tarozi bosib, kemani halokatga sudroqlardi. Inchunun, u nima qilishini, qayga borishini bilmay dovdiradi. Aslida, bu damlarni qancha xohlagandi, qancha kutgan edi. “Ishlarimni biryoqlik qilsam, xotinim bilan u yoqqa boramiz, bu yoqqa aylanamiz, uni qilamiz, buni koʻramiz...” eh-he, sanayversak, soni boru sanogʻi yoʻq. Shu choqqacha ish dedi, roʻzgʻor dedi, oyoqqa turib olaylik, dedi. Hammasini koʻngildagidek ado etib, endi ayolimning koʻngliga qarab odamdek yashaylik, deganda... birdaniga orzu-niyatlari oʻz ma’nisini yoʻqotdi-qoʻydi. Goʻyo sahroda ketayotgan va huv anavi qumtepalikdan keyin zilol suvlar oqib yotgan gulvodiyga chiqishini kutgan, lekin tepalikni oshib oʻtgach yana sahroning davomiga duch kelgan, chanqoq va charchoqdan sillasi qurigan yoʻlovchining holiga oʻxshardi uning shu ondagi ahvoli. “Endi nima boʻladi?..” Bu savol - vaqt oʻtgan sayin - ogʻziga tushgan oʻsha bir qoshiq shoʻr oshdek butun borligʻini achitib, zaharlab borardi.

“Nega xotinim oʻsha soʻzni aytdi? Nima, shuncha vaqtdan beri mendan koʻngli toʻlmay yashadimi yo hayotida birov, uni zeriktirmay yuradigan kimdir bormi?..” Javobsizlik erning yurak-bagʻrini paykondek teshib yubordi. Unday desa, ayoli shu kungacha erni shubhaga qoʻyguvchi biron ish, biron harakat qilmagan-ku. Qolmishiga oʻsha bemaza gapdan keyin uni zimdan qancha kuzatdi: koʻnglini xijil qiladigan biron gard topgan boʻlsa, osmon uzilib poyloqchi erning boshiga tushsin! Lekin nima uchun xotin oʻsha soʻzni aytdi, shunday chiroyli kunni “bema’ni” deb atadi? Agar shunday kun ma’nisiz boʻlsa, ma’niligi qanaqa boʻladi oʻzi?! Nega u shunday quvonchga toʻla kunda ham “Zerikyapman”, deya hasrat qildi? Hasrati nima edi? U qachon, qay tarzda xotinining bagʻrida toʻplanib ulgurdi? Nega uni er koʻrmadi, sezmadi? Nima uchun ayol yuragini toʻkish uchun erini emas, dugonasini tanladi? Bu yurak nega toʻldi oʻzi, nima bilan toʻldi? Bir-birovlariga toʻligʻicha bagʻishlangan kundan voz kechib, laqma dugonasi bilan valaqlashadigan oqshomga netib shoshildi ayol?..

Boshi-keti boʻlmagan bundayin soʻroqlarga erning biron tayinli javobi yoʻq edi. Qaytaga, oʻylagani sayin tushunmas, tushunmagani sayin esa asabiylashar, siqilar, ezilardi... “Axir men ham guldek umrimni, yoshligimni, kuchga toʻlgan davrimni, his-tuygʻularimu orzu-umidlarini, qoʻyingki, butun borligʻimni ayolimga, farzandlarimga baxshida etmadimmi?! Yaratgan nimaiki yaxshi narsani menga ilingan boʻlsa, borini xotinimning oyoqlari ostiga poyandozdek yozib keldim-ku! Yana nega, nima uchun u mendan norozi yashadi? Lekin norozi ekan, nega buni tiliga oʻsha kungacha chiqarmadi, menga yorilmadi? Nega shu choqqacha menga kulib qaradi, hanuz shunday qaraydi? Miq etmay xizmatimni qiladi? Axir, bu hayot unga yoqmas, maqbul emas ekan-ku!.. Nima, u oʻziga nomatlub hayotga koʻnib, shuni oʻz qismati deb qabul qilganmi? Oʻzga chorasi boʻlmagani uchungina hammasiga bosh egib, koʻnglidagi eng aziz, eng tansiq, eng muhimi, eng rost kechinmalarini oʻsha mahmadona dugonasigagina aytib umr oʻtkazayaptimi? Axir, shuyam hayotmi?!..”

Oradan kunlar, haftalar va oylar oʻtsa hamki, xotin oʻshanday sermulozamat, sertakalluf: labidan tabassumi, tilidan shirin soʻzi arimasdi. Ermi? Erning ichi kundan kun shoʻrlab borardi. Qancha vaqt oʻtmasin, necha yaxshi oʻylar bilan oʻzini ovutishga, chalgʻitishga urinmasin, bari foydasiz edi. Nihoyat, “Xotinim bilan nimani yashagan boʻlsam, yashadim. Yaxshi kunlarimiz, baxtli damlarimizni ortga tashlab kelibmiz. Endigi hayotimiz esa avvalgidek boʻlolmaydi”, dedi. Hammasi xuddi oʻsha kunga, dalahovlida hordiq chiqargan oʻsha hal qiluvchi kunga oʻxshab qoldi: tushgacha havo ochiq, osmon musaffo, olam nurafshon ediyu tushdan keyin qasirgʻalar boshlangan kun bor-ku, ana oʻshanga... Xuddi aytimdagi kabi: “Oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ”. Ammo bir tomoniga yorugʻ, ikkinchi yogʻiga esa qorongʻi, deb darj etilgan ushbu tanga kelib-kelib uning hayotida teskari tushib oʻtiribdi: avval yorugʻ tomoni bilan, soʻngra qorongʻisi. Yana deng, umrining qoq yarmiga kelganda. Nima boʻlsayam, oxiri baxayr boʻlgani yaxshi emasmidi? Odamlar shunday deydi-ku!..

Fursat aylanar... aylangani sari erkakning ichiga tushgan tuzning zahri ortib borardi: shu darajadaki, oʻsha kunning birinchi yorugʻ yarimi ikkinchi qorongʻi yarimiga botib, choʻkib ketdi. Ha-ha, aynan choʻkib ketdi. Shunday palla keldiki, er boshini koʻtarib qarasa, oʻsha kun, dalahovlida kechgan oʻsha kun, xotini aytganidek, chindan ham BEMA’NI oʻtgan ekan. Bor boʻyiga, ertadan shomiga qadar... Keyin... keyin bundan ham battari uch berdi: hayotining hozirgi MA’NISIZ boʻlagi MA’NILI oʻtgan avvalgi qismini kemirishga kirishdi. Avval BEMA’NI boʻlgan narsa KUN edi, endi u BUTUN UMRga hujum qildi. Hatto uning allaqachon oʻtmishga aylangan parchasiga ham. Er xotira kitobining eng saodatli sahifalarini varaqlardiyu zarracha nafi tegmasdi: sahifa yuziga qayodandir bir tomchi siyoh tomardi-da, soʻng shu tomchi yoyilib butun yuzani oʻz tasarrufiga olardi. Xuddi oshga bejo tushgan bir qoshiq oʻsha lana’ti tuz yangligʻ... Endi erkakning holini koʻring: u inidan tushib ketgan temirqanot polapon misol olazarak boʻlib atrofga ilhaq koʻzlarini javdiratar, faqat endi bu koʻzlar najot farishtalarini emas, balki oʻziga hujum qilayotgan, qanotlarida yozuvi bor son-sanoqsiz pashshalarnigina koʻrar va titrab qaqshagancha hijjalab oʻqirdi: BE-MA’-NI KUN! BE-MA’-NI HA-YoT! BE-MA’-NI UMR!.. GʻI-I-ING, GʻI-I-ING, GʻI-I-ING...

Bor-yoʻgʻi bir juftgina soʻz, bor-yoʻgʻi soʻz, “puf” etib havoga uchib, unga singib, yoʻq boʻlib ketadigan soʻzgina aytilgan edi. Bundan ham alamlirogʻi esa, bu soʻzni er hech qachon eshitmasligi ham mumkin edi...

2011 yil, oktyabr