OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiUnutilgan nay navosi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Unutilgan nay navosi (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

«
Tinglagil, nay ne hikoyat aylagay,
Ayriliqlardan shikoyat aylagay.

Mavlono Rumiy
»

Olis-olislarda chalingan hazin nay sasi nihoyat yaqinlashib, shundoq quloqlari ostida yangraganda A. choʻchib uygʻondi. Uygʻondiyu negadir bu safar nay sadosi uyqusi bilan birga oʻchmadi: aksincha, endigina u koʻz ochgan xobxonani, dahliz va yoʻlakni, hatto tashqarini, boringki, butun olamni toʻldirib chalindi, chalinaverdi. A.ning koʻngli sust ketib, xotirasiga bolaligi... rahmatli bobosiyu momosi, eski, kungay devori nuragan, tomi loysuvoq uylari qalqib chiqdi. Tugʻilib oʻsgan koʻchasini, otasiyu onasini, rahmatli akasini, ukalariyu joʻralarini qoʻmsab ichiga allatavr titroq kirdi. Qani endi shartta jomadonini qoʻliga olsayu hayyo huyt deya xeshu toborning qoshiga qaytsa, qayta olsa... Biroq borgan bilan nima, ularning qay birlari hayot, qaybirlari yoʻq endi... Yurtga doʻnish bilan bolaligiyu unga tegishli huuuv sehrli olamni ham qaytarib boʻlsaydi...

A.ning oʻpkasi toʻldi, ich-ichidan alamli xoʻrsiniq otilib chiqdiyu zum oʻtmay unsiz yigʻiga, yigʻi esa zoʻr ichikishga aylandi...
— Что с тобой? – xotini ajablanib qaradi.
— ...
— Ну, что случилось-то?.. – ayol oʻrnidan turib, karovat chetida derazadan tashqariga – shovurli koʻchaga gʻaribona koʻz tikib oʻtirgan erining qoshiga bordi.
— Постой, не шуми... Слышишь? – dedi quchogʻini ochib ayolini bagʻriga olmoqqa tutingan A.
— Чего слышить-то, уличный шум что-ли? – rosmana hayron boʻldi rafiqasi.
— Чего-чего, най!.. Как это по русски было, а-га, флейта кажется, флейта играет... узбекский... - koʻzlaridan oqib tushayotgan shoshqator yoshlarni artib oldi A.

Xotin bu gal indamadi, eriga sinch ila qarab oʻtirdi-oʻtirdi-da, nimalarnidir his qilgannamo salmoqli qoʻzgʻaldi, oshxonaga oʻtib bir stakan suv keltirdi.
— На, выпей, легче станет...

A. xotinining tanbehlariga quloq osmay, nonushta ham qilmasdan malul va zabun bir alfozda kiyinib tashqariga chiqdi. Axir, ichkarida haligi nay navosi bardavom yangrab turgan boʻlsa, qanday qilib tomogʻidan luqma oʻtsin? Yo navo yo gʻizo-da! Ikkalasini birdaniga, bir paytning oʻzida hazm qiladigan zot... vallohu alam, qanday jins ekan? Ammo uning ins boʻlishi dargumon...

Moskva koʻchalari koʻcha emas, naq gavjum sharq bozorlari deng – na oldinga yurib boʻladi va qoʻl siltab orqaga survorish. Ixtiyoringni tamomila avtolar oqimiga topshirmoqdan oʻzga chorang qolmaydi. Kirmoqda tashabbus qoʻllaringda boʻlaru tark etmoqda aslo. Javonib turli-tuman rusum, hajm va tusdagi zamonaviy arobalaru ulardan taralayotgan baland-past tovushlarga toʻlib ketgan. Shunda A. botinida subhi sodiqdan beri tinimsiz chalinayotgan nay navosining qayoqqadir gʻoyib boʻlganini sezib qoldi. Ajablanib, yuragini tingladi: shaharning badga urib ketgan hissiz guvillashi eshitilgandek boʻldi... «Tav-ba-a-a,» dedi choʻzib...

Lof emas, bir oshni pishirib yegulik fursatda A. ishxonasiga diltang boʻlib kirib keldi. «Yayov yursamam shunchalar vaqt ketar-oov...» deb qoʻydi u mashinani ofis binosi tumshugʻiga tirab toʻxtatarkan...

Kechgacha qogʻozlarga koʻmilib, kotibasiga achchiq-achchiq qahva damlatib ichib, bosim oʻtirib ishladi... Bir mahal, xodimlari xayrlashib chiqishayotgan palladagina yumushdan bosh koʻtardi va kun qaytib, shom tushganini, qornining boʻlsa poʻstak boʻpketganini his qildi. Hamma uyiga oshiqayotgan tigʻiz payt boʻlgani bois tirband yoʻlni oʻylab goʻshakni oldi, kotibani chaqirib, unga har doimgidek ovqat buyurishini tayinlab, “potom mojesh idti” dedi-da, divanga yaslangancha televizor tugmasini ezdi. “Xabarlar”dan yuragi toriqib, kanallarni aylantirishga tushdi. Nihoyat, “National geografice” da toʻxtadi. Hayvonlar shohi - sherlar hayotidan lavhalar koʻrsatilayotgan ekan. Ayniqsa bir nar arslonning achchiq qismati A.ning e’tiborini jalb qildi. Uning toʻshidan quyiroq - chap oyogʻining boshlanish qismi yirtilib, chak-chak qon oqar-da, boyaqish yoʻlida toʻxtab-toʻxtab damodam yarali bagʻrini yalar, soʻng yana chor-nochor odimlardi. “Nima jin urdiykan buni?” xayolidan kechdi A.ning. “Bironta oʻziga oʻxshagan bilan maydon yoki laxtak goʻsht talashdimikan... Darbadarligining sababi moda shermi yo...”

“Sherbachchalar oʻsib ulgʻayib voyaga yetgach, oʻz taqdiriga yuzma-yuz boʻlish uchun ota-onasining qarorgohini tark etib chiqib ketishadi, - deya gap boshlab qoldi sharhlovchi. – Bular ham xuddi ota-onalari kabi oʻzlariga tayinli qoʻnimgoh qidirib boradilar. Taqdir nasib, shunday saodatga erishsalar, oʻzlariga vatan tutgan makonlariyu juftlarini jonlarini jabborga berib qoʻriqlashadi. Agar bunday maskanni barpo etisholmasa va yoxud uni jangda boy berishsa, tagʻin yakka-yolgʻiz qolishadi. Yosh, baquvvat chogʻlarida ular boz oʻz goʻshalariga qaytib, yoʻqotilgan mavqelarini qoʻlga kiritishga va yoxud boshqa juft topib, yangi masnad barpo etishga urinadilar. Keksayib, kuchdan qolganlarida esa, afsuski, na unisi va na bunisiga muyassar boʻlishadi. Bunday soʻqqaboshlarni koʻpincha bexayr taqdir kutib turadi...”

Arslon savannaning bepoyon kengliklarida besamar yura-yura axiyri holdan toydi chogʻi, qulayroq joy topib asta yonboshladi. Suvsizlikdan, charchoqdan boʻlsa kerak, harsillagancha tez-tez nafas olardi. Dam oʻtmay u paxmoq boshini egib, qonli yarasini yaladi, soʻng atrofga olazarak boqdi. Hayvon-da, sezgan koʻrinadi: nariroqda gʻingshuv va chiyillash oʻrtasida allaqanday tovush chiqargancha sirtlonlar galasi moʻltirab turishardi. “Aftidan sirtlonlar sherning oʻmganidan silqiyotgan qon hidini olishgan koʻrinadi” deya izoh berdi sharhlovchi.

Sirtlonlarning old qatordagilari makkazor ichidan endigina chiqib kelgan hervaygan kuchuklardek quloqlarini ding qilgancha arslonga qiziqish ila serrayib qarab turishardi. Sher avvaliga pinagini buzmadi, hatto javoban tashrifchilarning yuraklariga qoʻrquv solaroq qisqa na’ra ham tortdi. Lekin sirtlonlar bir gala edi: toʻda yengil bir qoʻzgʻalib qoʻydiyu tiraqaylab qochib ketmadi. Bir pas oʻtib esa yarador sher pajmurda holini, yolgʻizligini eslab qoldimi, oʻzi turib hafsalasiz odimladi... har na, balodan uzoq...

Ertasiga ancha oʻziga kelib qolgan och arslon suv boʻyida tashnaligini qondirish uchun paydo boʻlgan antilopalar podasiga hujum qildi va kichikroq, nimjonroq kiyikni tutib oldi. Alhol, sayyod saydning yumshoq boʻgʻziga oʻtkir, baquvvat tishlarini botirgancha qimir etmay kutdi, soʻng tanani jon tark etishi hamon boʻshatib, qaddini tikladi. Yirtqich jon holatda chopganidan tili naq bir qarich osilib yutoqib nafas olar, shu barobari tegrasiga xavfsirab qarardi. Nafasini rostlab, tin olvolgach, kiyik loshini tishlab panaroq joyga sudrab ketdi va shu asnoda iziga tushgan kechagi sirtlonlar toʻdasini payqab, ortiga oʻgirilib irilladi. Sirtlonlarning peshqadamlari andak hadiksiragandek, ilkis toʻxtab, oʻzlarini u yon - bu yonga tashlab taysallashdiyu xiyol oʻtmay yana toʻp boʻlib, bir-biridan yurak va quvvat olib ilgari bosishdi. Arslon koʻrdiki, ulardan oʻljani olib uzoqqa borib boʻlmaydi, inchunun, “oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir” sulloh gʻanimlariga hamla qildi. Sirtlonlar galasi tirqirab qochishga qochdiyu, lekin olislab ketmadi, yana surbetlarcha, endi har tomondan moʻr-malaxday yopirilishdi. She’r na’ra tortib tagʻin hamla qildi, shunda boshqa yoqdan pusib yovuqlashayotgan sirtlonlar oʻljaga yopishishdi... Alqissa, arslon vaziyatni boshqara olmay ojiz qoldi: antilopa qoni ta’mini tuygan sirtlonlar endi sherning oʻziga tap tortmay chovut solishga jur’at etishardi...

“... oradan bir necha kun oʻtdi. Janob arslonning ahvoli esa ancha xarob koʻrinadi. Sirtlonlar orasidan omon chiqishga chiqdiyu, lekin avvalgi bitta jarohati oʻn boʻlgan hayvonlar shoxi endi oyogʻini arang sudramoqda. Oʻz goʻshasidan, yaqinlaridan, himoyachilaridan ayrilgan, ustiga ustak, ochlik va jarohatlardan sillasi qurigan abgor sherning bundan keyingi qismati yanada ayanchli kechishi shak-shubhasiz...” deb bidillardi sharhlovchi...

A.ning hayvonga rahmi keldi, koʻrsatuvning davomini koʻrishga yuragi dov bermay televizorni oʻchirib qoʻyishni istab turgandi, eshik taqillab, ostonada “Vash zakaz” degancha hamishagi mutavoze garson yigit hoziru nozir boʻldi...
— Поставь на стол, - dediyu oʻrnidan ogʻir qoʻzgʻaldi A. va beixtiyor ravishda barmogʻi bilan pultni bosib yubordi. Ekranda musiqa kanali paydo boʻldi va ne ajabki, unda nay sadosi yangrar, nay cholgʻusining oʻzi ham turli rakurslardan namoyish etilardi. A. tap etib oʻrniga choʻkdi, qoʻli bilan esa laganbardorga “eshikni yop” ishorasini berdi.

Bu oʻsha kuy edi, ha!..

“Vo darigʻ, bu nimasi? - tiliga bodroqdek toshdi savollar A.ning. – Men bilan kim berkinmachoq oʻynayapti, kim? Nega yana nay? Tagʻin tushimdagi nagʻmasi bilan? Buning sirru sinoati nedir?..”

Koʻp oʻtmay A.ning oʻziga oʻzi berayotgan soʻroqlari tindi. Tindi, chunki, yuragi naydan taralayotgan diloʻrtar, hazinu sohir musiqa ta’sirida erib suv-suv boʻlgan, xayolida yana devorlari qor-yomgʻiru jaziradan nuragan pastqam koʻhna uyu uning atrofida, negadir, oftobshuvoqda har-xil yumushlar bilan kuymalanib yurgan bobosiyu momosi, otasiyu onasi, akasiyu ukalari...ning mukarram siymolari gavdalandi. Nay navosi juda uzoq yangradimi, bu kuy umri davomida A. oʻzi bosib oʻtgan, shu kungacha va shu yergacha boʻlgan butun hayotini xotirlab ulgurdi. Qoʻy boqib, bolalik doʻstlari bilan quvlashmachoq oʻynab chopgan begʻubor, begidir kezlaridan tortib, maktabga, birinchi sinfga borgandagi tuygʻular, ilk bora qoʻshni qizga sevgisini maktub orqali izhor aylagandagi unutilmas kechinmalar ham tashrif buyurdi uning shu ondagi holu ruhiyasiga. Keyin talabalikning oltin damlari, qoʻshni qizga... oʻsha mahbubaga uylangani, zum oʻtmay esa askarlik safiga chaqirilgani va... mana shu “va”dan soʻng A.ning hayotida tub burilish sodir boʻlgani... Ha-da, xizmatdan qaytib kelgach, ne quloqlari bilan eshitsinki, sevgani oʻsha oyjamol boshqa bir yigit bilan gap-soʻz boʻlib turibdi-da. Oriyat gʻolib, xotiniga bir soʻz ham demay, shartta uydan chiqqan-ketgan. Taqdir shamoli, - endi koʻring, - bizning qaxramonni qaylarga keltirib tashlabdi. Oʻ kun bilan bu kun orasidan, oʻh-hoʻoʻ, qanchadan qancha achchiq-chuchuk suvlar oqib oʻtmadi, deysiz. Ammo-lekin nega yana shularni oʻylab qoldi ekan u, - oʻzi ham bilmay turibdi A.ning. “Yelkamning chuquri koʻrsin bu sotqin qishloqni!”, deb qasam ichib ketganini unutdimi yo?..

Yigitning rizqi koʻchada boʻlarkan, oʻqishini Moskovda davom ettirdi, ta’lim poyoniga yetgach esa megapolisda qoldi, tirishqoqligidan yoʻllari ham sekin-asta ochila bordi. Endi qarasangiz, zavqingiz keladi, kechagina chekka bir qishloqda qoʻy-mol boqib, shimi tushib yurgan oʻspirin bugun kurrai zaminning eng uzuqara shaharlaridan birida kattakon idora rahbari. Nasoro boʻlsayam oʻttiz yillik turmush oʻrtogʻi bilan ikki farzandni voyaga yetkazishib uchirma qilishdi. Aytaversak gap koʻp. Alqovlarimiz shu darajada sarbalandki, oqkoʻngillarning havasi, qorakoʻngillarning hasadi keladi-ya... Faqat... faqat shu nay balosi qaydan chiqib qoldi?.. Chiqqani bir goʻr, nega u A.ning botinida hadeb chalingani chalingan? Nima uchun u chalinganda A.ning butun oʻtmishi, tugʻilib oʻsgan yurti, oʻsha yerning yaxshi-yomon, katta-kichik odamlari yodiga qalqib chiqaveradi, chiqaveradi? Yana oʻshalarni qoʻmsab, sogʻinib ichikkaniga oʻlasanmi...

Bir mahal eshik yengil tiriklab, qiya ochildi va boyagi laganbardor yigitning sermulozamat chehrasi koʻrindi. Ammo u stol ustida qoʻl urilmagan ovqatga koʻzi tushgach, bir zum dovdirab turdi.
— Мне по-позже подойти, да?
— А-а! – xitob qilib yubordi choʻchib hushiga kelgan A. - Да, нет, сынок, можешь забрать еду, что-то аппетит пропал. Сколко с меня? – yonini kavladi A.

Garson bilan hisob-kitob qilgach, ezgin bir holatda oʻrniga choʻkib, boshqa narsalarni koʻrsatishga oʻtgan TV ga dam berdi-da, koʻzlarini yumdi. Faqat... faqat kuy uning botinida yangrashda davom etaverdi...

Allamahalda qoʻl telefoni asabiy jiringlab sapchib turib ketdi.
— Алло! Привет. Где носишься? С тобой все в порядке? – rafiqasining tashvishmand ovozi keldi.
— Привет... – soʻng bir pas sassiz qoldi A. – Извини, сейчас приеду. Вздремнул наверно...

* * *

Shu-shu A.ning xayoli qochdi. Yursa-tursa, uxlasa-uygʻonsa... ich-ichida hech tinmas nay navosini eshitadigan, uning joʻrligida bolaligiga, tashlab chiqib ketgan yurtiga, u yerda qoldirib kelgan qarindosh urugʻiga, doʻstlariga talpinadigan boʻldi. Yeb-ichishidan, turish-turmushidan, ish-kuchidan maza-matra qochdi...

Oʻylay-oʻylay megapolisdagi yurtdoshlarining doimo toʻplanib turadigan restoraniga yoʻl soldi. Hamyurtlarining tandirdan endi uzilgan nondek issiq, tansiq chehrasini koʻrsa-dillashsayu, zora koʻziga nay qiyofasida koʻrina boshlagan ins-jinslarning hujumidan xalos boʻla qolsa....

Uch-toʻrttasi burchakda toʻplanib olib tosh tashlashib oʻtirishgan ekan. Oralariga suqilib kirdi. Oʻz ona tilida koʻngillashmoqqa urindi. Negadir gaplari qovushmadi. “Tы naverno ochen ustal, davay v banyu sxodim, tam otdoxnesh kak sleduet” deyishdi pirovard natijada millatdoshlari muruvvatona. A. bir pas oʻtirib u yerdan ham homushu aftoda bir koʻyda chiqdi. Nazarida bu ulkan shahardagi millatdoshu yurtdoshlarning hammasi – oʻzi doxil - yogʻi ado boʻlayozgan pilikdek tutab borishayotgandi. Chunki oʻzlaridan keyin... tamom - nuqta. Farzandlari - boshqa olam, boshqa odamlar! Ular shu tuproqning fuqarolari, tilidan tortib ruhigacha...

Balki...

Ha, A. nihoyat yengildi – koʻngliga yon berdi... Uchoqqa bilet oldiyu Oʻzbekistonga uchdi. Botinda chalina boshlagan nay navosi uni Vatanga boshlab ketdi...

* * *

Ukasining uyiga tushdi. Ha, endi bu uy inisiga qaraydi. Koʻp avval hammalariniki edi. Rosa umrguzaronlik qilgan buvasiyu buvisidan oʻn yillar oʻtib, birin-sirin ota-onasi ham dorilbaqoga rixlat qilishgandi. Oxirgi marta A. oʻshanda, marosimlarda kelgandi. Shundan beri yillar turna qatorlaridek koʻk yuzini toʻldirib uchishdi, uchishaverdi...

Tashrifidan ukasining boshi osmonga yetgani oftobda kuygan qoramagʻiz yuz ifodalaridan, his-hayajonga, mehrga toʻla jondek aziz soʻzlaridan shundoq bilinib tursa-da, kelinning sira ochila qolmagan qovoq-tumshugʻi A.ning ta’bini xira torttirdi. Kelgan kuni uni koʻrgani kirgan uzoq-yaqin qarindosh-urugʻu qoʻni-qoʻshni bilan rang koʻrib, hol soʻrashdi, ertasiga ertamandan atrof-tevarakni aylangani piyoda joʻnavordi.

Avvaliga oʻzi oʻsib ulgʻaygan koʻchani u boshidan bunisiga goʻyo bolaligini qidirgan kabi bir necha marta borib keldi: yoʻq, bu koʻchani uning tamizi tanidi, xolos, koʻzlari, hislari emas. Koʻcha butunlay oʻzgarib ketgan, begona uylar, begona chiroq ustunlari, begona daraxtlar... qoʻyingki, uning qarshisidagi manzara tamomila yot edi. Hatto roʻparasidan chiqib, unga “notanish odam nima qilib yuribdi bunda?” degandek allatovur qarab, salomni kanda qilib oʻtayotgan yosh-yalanglar ham begona edi. Xayolida bolaligi jonlandi: tuproq yoʻlda toʻp tepishayotganda yoxud u yoqdan bu yoqqa turfa yumushlar bilan chopib yurishganda kattalarga duch kelinsa, bir qoʻllarini koʻkrakkacha koʻtarib, “Assalomu alaykuuum!” deya choʻzinchoq takalluf ila soʻrashishar edi-ku! Qayoqqa ketdi oʻsha odamlar? Qirgʻiyqarash qilib, A.ning yuziga bezbetlarcha tikilib oʻtib ketayotganlar oʻsha sermulozamat avlodning jujuqlarimi?..

A. bularni xayolidan oʻtkazdi, xolos, yuragidan emas. Zero, sovuq Moskovning beti qalin fuqarosiga bu yerdagi ilmiliqning ta’siri chikora...

A. shu koʻyi anchagacha kezinib-toʻzdi-da beixtiyor yoʻlni suvboʻyiga burdi. Dalalar oralab bir muddat kezingach, manzilga dordi. Voh, qishloqdagi oʻzgarishlar holva ekan: suv qani? Uning ikki boʻyida xatosiz qator oʻsgan gur tollar-chi?.. Tollar-ku kesilib ketibdi, lekin mahobatli kanalning oʻzi ham butunlay boshqa manzara kasb etibdi: uning betidagi oʻt-oʻlanu yulgʻun-yantoqlar qirilib, ustiga silliq qilib beton yotqizilibdi. Endi kanalning hamma joyi bir xil! Suv ham oʻzanning tagida shildirab oqib turibdi...

A. “oyoqning chigalini yozish”dan qaytganida shom tusha boshlagandi. Dalayoʻldan mahallaga kirishda, toʻrt koʻcha kesishgan chorraha bor edi, shuning kunjagidagi choyxona gavjum – koʻzi tushib bir entikdi A. va shu yoqqa asta odimladi.
— E-e-e, kesinla, kesinla! – uch-toʻrt kishi qoʻzgʻalib quchoq ochishdi. Koʻpchilik esa notanish kishi bilan ilk daf’a koʻrishayotgandek anchayin beparvo qoʻl choʻzishdi.
— Qaysi shamollar uchirdi, domdaraksiz yoʻq boʻpketuvding-ku? - soʻradi A. bilan bitta maktabda, ikki sinf yuqorida oʻqigan, oʻsha paytlarda qoʻshni boʻlgan miqti, shopmoʻylov odam. A. shuncha tirishib ham uning ismini eslay olmadi. – Yo ot aylanib, qarib-churiganda qozigʻini izlab keldimi, ha-ha ha!.. – qahqaha urdi miqti shopmoʻylov. – Vey, nega lom-mim demaysan, oʻzi oʻzbekchadan qolganmi yo oʻrischa soʻylaylikmi, voh-ha-ha!.. – moʻylov ham gapirar, ham kular, hamda A.ni yetaklab choyxona ichiga, davraga boshlab borardi... - shuncha vaqtdan keyin qishloqni adashmay topib kelganingga qoyilman, ha-ha-ha!..

A. guldavrada alla-pallaga dovur ochilib-sochilib oʻtirdi. Lekin oradan ancha-muncha achchiq-tizziq gap-soʻzlar ham boʻlib oʻtdiki, bundan A.ning kayfiyati tushdi. Nima emish, burgaga achchiq qilib koʻrpaga oʻt qoʻyilmasmish. Ha, qurmagʻur hamqishloqlari A.ning qoʻliga gugurt tutqazib qoʻyishdi. Bir pasdan soʻng qalovini topib, uni xiyonatda, qishloqqa, yurtga xiyonatda ayblashdi. “Tavba, - dedi oʻziga oʻzi A. – aslida, oʻzlari meni sotishdi-ku!..” Davra shirakayf edi, shuning uchun A. bu gaplarni yuragiga yaqin olmaslikka urindi. Qolaversa, bu qachongi gaplaru, eh-he!.. Lekin A.ni sotqinga chiqargan davra koʻp oʻtmay undan “bizniyam oʻzing bilan olib ket, ish topib ber”ga tushdi... Shundan keyin A.ning koʻngli rosmana ogʻridi, uzr soʻrab turdi...

Ikki kunda koʻrgan-kechirganlari A.ni koʻp mutaassir etdi. Ammo qalbiga quloq tutganda, nedir fursatdan beri ichida tinimsiz chalinayotgan nay sasi qayoqqadir gʻoyib boʻlib, oʻrnida gʻaroyib bir farogʻat osudalikka chulgʻanib jimirlab yotganini sezdi. “Xudoga shukur” dedi qoniqish bilan pichirlab...

Kechasi allamahalda A. boshqalarga bildirmay, imi-jimida bittagina inisi bilan aeroportga chizdi.

Bagʻirlashib xayrlashisharkan:
— Bir hafta turaman degandingiz? – nomanzur ish qilib qoʻygandek hijolat chekib soʻradi jigargoʻshasi.
— Idoradan soʻrab qolishdi dedim-ku, ukajon, - chinni yashirdi A. Lekin berkitilgan chin nimadan iborat ekanligini oʻzi ham tuzukroq fahmlay olmasdi. Har holda kelinning badqovoq suratiga yoxud ayrim tuturiqsiz hamqishloqlarining baland-past gap-soʻzlariga qarab qolgan odammas-ku u! Xohlasa, olisroqdan - rayon markazidagi mehmonxonadan shartta joy olardi qoʻyardida...

Samolyotga oʻtirish boshlanganda ham A.ning xayolida shoshib ketishining asl sababiga yoʻnalgan taxminlar charx urardi. Urishga urardiyu, hech birida qoʻnim topmasdi.

Nihoyat, uchoq havoga koʻtarilganda A.ning yuragi yengil hapqirdi. Chuqur- chuqur nafas olishga tirishdi, koʻzlarini yumdi. Yumdiyu ularning ichidan - zulmat qa’ridan yorishib nayning suvrati paydo boʻldi. Shu hamono botinida kuy yangradi!..

A. bir zum dovdirab qoldi, shoshib qoboqlarini ochdi. Yuragi orziqib, orqaga tortdi. Kuy esa tobora avjlana berdi. Shunda... shunda A. gʻayrishuuriy ravishda koʻngliga boʻysindiyu uchoq darchasidan pastga qaradi: vo ajab! Ortda, huuuv pastlikda qolgan, milion-milion chiroqlarga burkangan shahar va qishloqlar uzun mash’ladek tovlanib yotar hamda u samolyotning tobora yuqoriga oʻrlashi barobarida eshilib, nayga, ha-ha, aynan nayning qiyofasiga aylanib borardi...

A. oʻz botinida chalinayotgan navoning qaydan kelayotganini nihoyat topgan, hayratdan toshdek qotgandi... Faqat... faqat vujudini koʻtarib begona yurtga uchib ketayotgan temir qushga koʻngil nidosini - “toʻxta, tushib qolayin!” degan kuchli istakni demas, deyolmasdi...

2010 yil, noyabr-dekabr