OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Hamdam
Asar nomiUzoqdagi Dilnura (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ulugʻbek Hamdam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm40KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uzoqdagi Dilnura (hikoya)
Ulugʻbek Hamdam

— Alo... Kozim aka? Alo!.. Bu men – Nozim...
— Nozimjon?.. Yaxshimisan, inim?
— Aka... Kozimjon aka!..
— Labbay, uka. Gapirsang-chi, tinchlikmi?..
— Nima boʻldi?.. – xayoli ota-onasining omonat joniga ketdi Kozimjonning.
— Yunus togʻam... Togʻamni berib qoʻydik...
— A?!.. Nega?.. Nima boʻldi?..
— Bandachilik, aka.
— Qachon?..
— Mana, hozir kasalxonadan olib kelishdi.
— Nima boʻldi oʻzi?
— Oyoq... oyoqdan ketdi, aka.
— Xudo rahmat qilgan boʻlsin...
— Kelasizmi?..
— Hm... Xoʻp... – chaynaldi Kozimjon. Lekin koʻp-da hayallamay soʻlgʻin ovozda dedi: - Yoʻlga tushyapman.
— Hozir chiqsangiz ulgurasiz, aka...
— Albatta...

Kozimjon stol ustini yigʻishtirib, kompyuterini oʻchirdi-da, tugmani bosib yordamchini chaqirdi.
— Amakim olamdan oʻtibdi. Bir-ikki kunga qishloqqa ketyapman, - deya xomush qoʻzgʻaldi.
— Voy... Xudo rahmat qilgan boʻlsin, xoʻjayin... – yuzini siladi yordamchi. Soʻng ikki qoʻli koʻksida – rahbarni kuzatib chiqdi, - yoshlari nechchida edi?

Kozimjon peshonasini tirishtirib javob berishga chogʻlanib koʻrdi: «Adashmasam, ellik beshlarda edi...»
— Yosh ketibdilar... attang.
— Yoʻqligimni bildirmay turgin.
— Xoʻp, xavotir olmang, - pildirab kelib mashina eshigini ochdi yordamchi. - Oʻzingiz haydab ketasizmi? Yo haydovchini...
— Oʻzim. Chaqirma.
— Yaxshi borib keling...

Kozimjonning «PRADO»si shahar tashqarisiga chiqib ulgurmay telefoni tagʻin jiringlab berdi.
— Allo, assalomu alaykum, Kozimjon aka, yaxshimisiz?
— Vaalaykum. Ha, ertalabdan?
-Yoʻldamisiz? Boshingiz bosilib qoldimi? Kechqurun odamni qoʻrqitvordingiz. Shunga...
— Nima tagʻin? Gapni aylantiravermay ayta qol, shoshyapman, - dedi Kozimjon mashinani xiyol sekinlatib.
— Aytaveraymi?
— Ha, dedim-ku...
— Turkiya tillalari kepti. Aytuvdim-u anuvinda...
— Xoʻsh...
— Esizdami, yoʻlga qatnaydigan opa-chi, oʻshanga «zakaz» qiluvdim.
— Qancha?
— Oz emas, Kozim aka, - nozlandi ayol ovozi. – Lekin va’da bergandingiz.
— Xoʻp, nechchi pul ekan? – sabrsizlandi erkak.
— Ikki... Ikkita.
— Nima ikkita, Sanam? – ovozi asabiy chiqdi Kozimjonning.

Ikki ming dollar. Komplekt. Zanjir, uzuk, sirgʻa... Nima, achigʻingiz chiqyaptimi? Mayli, kerak emas... Erkak zoti qop-qop va’dani berarkanu bajarishga kelganda... – ayol jahl qilib goʻshakni qoʻyib qoʻydi.
— Uf... – dedi Kozimjon tormozni bosib mashinani yoʻl chetiga olarkan, – ayol zoti... qanaqa oʻzi u? – Erkak bir muddat chuqur-chuqur nafas olib, achchigʻini bosganday boʻldi. Keyin oʻzi raqam terdi.
— Sanam, menga qara, darrov portlamagin-da endi. Men hozir qishloqqa ketyapman. Tashvish bilan... Mayli... Hozir qaerdasan... Hm... Boʻpti, yarim soatdan soʻng pastga tushib tur.

Kozimjon rulni ortga burdi... Bir pas oʻtib kelishilgan manzilga keldi. Qizil hoshiyali sport kiyimi kiyib olgan, sochini sariqqa boʻyagan qomatdor ayol mashina yonida paydo boʻldi. Lekin arazlagandek edi: engashgan koʻyi oynakdan ginali boqdi. Kozimjon tugmani bosib, oynani tushirdi.
— Ha, namuncha qovoq-tumshuq qip qolding? Ol, mana...

Ayol indamay qoʻlini choʻzdi.
— Ha, yoʻl boʻlsin? – bir pasda chehrasi ochila qoldi ayolning.
— Amakim... – dediyu tilini tishladi Kozimjon. Negadir aytgisi kelmadi. - Amakimda ishim bor edi... Boʻpti...
— Yaxshi borib keling…

Uch toʻrt kilometr yurib ediki, yana qoʻngʻiroq boʻldi.
— Assalomu alaykum, dadasi... Tushlikka nima qilay?
— Menga qara, Mahzuna, Yunus togʻam qaytish qipti...
— Voy... – Mahzuna jim boʻlib qoldi. - Keyin siniqqan ovoz bilan saslandi, - biz ham boraylik... qaerdasiz?
— Yoʻlga chiqdim. Qaytsam... koʻtarishlariga ulgurmasligim mumkin, Mahzun. Yaxshisi, sen bollarga qarab qol. Ma’rakasiga birga boramiz...
— Qanday gʻuborsiz odam edi-a, Yunus togʻa... – ayol telefonda «piq-piq» yigʻlab yubordi.
— Xudoning irodasi...

Kozimjon gazni bosib, shitob bilan yurib ketdi. Xiyol oʻtmay esa gavjum shaharni orqaga tashlab, ikki yoni koʻm-koʻk oʻt-oʻlan bilan qoplangan tekis yoʻlda yelib borardi. Borarkan, Yunus togʻa haqidagi xotiralari birin-sirin xayoliga qalqib chiqdi, chiqaverdi...

Uzoq yoʻl bosdi. Oʻy bilan boʻlib farqiga bormabdi: qarasa, qosh qoraya boshlabdi. Lekin manzilgacha hali ancha yoʻl. Telefonga qaradi – antenna koʻrsatgichi yoʻq. Tirishib alamini yana mashinadan oldi...

Nihoyat, qaysi bir tuman markaziga kelganda, antenna koʻrindi va u sim qoqdi.
— Nozimjon?
— Aka, qopketdiz-u, qaerdasiz? – xavotir va gina aralash soʻradi Nozimjon.
— Oz qoldi, yarim soatlarda yetib boraman, Nozimjon. Yana ozgina sabr, iltimos...
— Aka, koʻtarishdi. Mana, mashinaga chiqarishyapti. Oqsoqollar toʻpolon qilvorishdi...
— Nozimjon... Alo!.. - Shu asnoda «tiq» etib aloqa uzildi. – Alo, Nozim!.. Jin ursin!.. - Kozimjon asabiy ravishda qoʻlidagi matohni torpetka ustiga uloqtirdi. – Qanjiq!... – dedi soʻngra tajang tortib, - senga qaytmaganimda...

Ikki piyola choy ichgulik fursat oʻtib-oʻtmay u oʻzi tugʻilib oʻsgan mahallaga eltuvchi yoʻl boshiga chiqdi. Oʻn-oʻn besh chaqirim yurib esa rulni qabriston yoqqa burdi. Bahor payti emasmi, kuni-kecha yoqqan yomgʻir suvidan tuproq yoʻlda yurish qiyin kechdi. Mashina dam sirpanib ariq boʻyiga, dam qarshi tarafga surilib zovurning nishob joyiga kelib qolar, shundayam sekinlay demas, zoʻr berib oldingga yurgani yurgan edi...

Yiroqdan ulkan tepalikda joylashgan mozor koʻrindi. Kozimjonning yuragi bir xapqirib tushdi. Oʻtmish... xotirasida jonlandi. Tepalik, bolalik va Yunus togʻa bor edi unda. Yunus togʻa oʻt terishda Kozimjonni boshlab yurardi. Hammasi kechagidek esida. U paytlar kolxozning bir qarich yeriga ham paxta ekilardi. “Dalasida paxta... tomorqasida paxta... uyining ichidayu tomining tepasida paxta” degan gaplar oʻsha vaqtdan qolgan. Chorva uchun esa hech qanday yaylov ham, ekin maydonlari ham ajratilmasdi. Shundan boʻlsa kerak, Yunus togʻa uzun kalish etik kiyar-da, zovurning ichiga tushib goh qamish oʻrar, goh esa mana shu qabriston maydoniga kelib, yerdan xiyol bosh koʻtargan ajriqni Kozimjon hozir ismini unutgan allaqanday yopishqoq oʻtga qoʻshib tomir-pomiri bilan oʻrar, keyin loʻtkali mototsiklga yuklab uyga olib ketishardi. Shunda bolakay Kozimjon togʻasiga suv-puv uzatib turar edi, xolos. Lekin uyga kelgach, avval Kozimjonlarnikiga oʻtishar va oʻtning qoq yarmini tushirib, soʻng qolganini Yunus togʻa oʻzinikiga olib ketardi. Shu bilan Kozimjon uydagi kundalik vazifasining eng muhimini bajargan chiqardi.

... Kozimjon tormozni bosib, mashinasidan sakrab tushdi. Lekin atrof zim-ziyo edi. Faqat qabristonning uzoq etagida bir toʻda odamlar ikki mashinaning chiroqlari yorugʻida uymalanishardi. Kozimjon oʻsha tomonga shoshildi...

Lekin kechikkandi. U xalloslab yetib kelganda yangi qabr doʻppayib ulgurgandi.
— Eh, attang... – dedi birov.
— Salgina kech qolding, bolam... – dedi boshqasi.

Keyin hammalari choʻk tushgach, kimdir qiroat bilan Qur’ondan oʻqidi. Yuzlar silangach, qoʻzgʻalishdi...

Boshlashib – kim piyoda, kim ulovda qishloqqa qaytishdi. Yaqin atrofdagi mahallalarning bari zulmat ichida qolib, birgina mayyit chiqqan xonadon darvozasidan taralayotgan nur zulmatga achchiqma-achchiq qorongʻi koʻcha bagʻrini kuchsizgina yoritib turardi.

Kozimjon hamqishloqlari bilan mashinadan tushganda qulogʻiga motor tovushi urildi: bu elektr quvvati ishlab chiqaruvchi qurilma edi.

Bir pasda hamma saflandi, ichkari xonalardan birida Qur’on oʻqiyotgan domlaning ovozi zaifgina eshitilib turdi. Kimdir yoʻtaldi, kimdir burnini tortdi. Tilovat esa choʻzilgandan choʻzildi. Kozimjonning yupqa tufli kiygan oyogʻi sovqota boshladi. Turgan koʻyi ogʻirligini dam bu, dam u oyogʻiga tashlab koʻrdiyu, kor qilmadi. Sovuq sekin-asta oʻrmalab yuqori chiqdi – u kutilmaganda seskanib-titrab ketdi. Oldi qatordan turganlardan birov boshini xiyol oʻgirib, unga qaradi. Kozimjon tirishib oʻzini qoʻlga olishga urindi...

Nihoyat, tilovat poyoniga yetdi.
— Keldingmi, uka?..
— Bandachilik...
— Xudo sabr bersin...

Odamlar Kozimjonni quchoqlab, hamdardlik bildirib, soʻng birin-sirin tarqalisha boshlashdi. Koʻp oʻtmay hovlida qarindosh-urugʻlargina qoldi. Ichkaridan boʻlsa ayol va erkaklarning yigʻi-sigʻilari kela boshladi.

Kozimjon nimyorugʻ – nimqorongʻi hovlida u yoq bu yoqqa yurdi: ana bogʻ – togʻasi oʻz qoʻli bilan barpo etgan va esiga tushdi deguncha ogʻzining tanobi qochib maqtanadigan, ana qoʻra - mol-hol, qoʻy-echki boqiladigan, ana katak – qarshisida soatlab turishib, dakan xoʻrozlar jangini tomosha qilishadigan... Lekin bogʻning sharti ketib, parti qopti: goʻyo sochi siyraklashib qolgan boshni yodga soladi. Kozimjon gʻuvranib molxona tomonga oʻtdi, lekin xoyhotdek joyda birgina hayvon gʻoʻddayib tik turardi. “Sigir boʻlsa kerak” - xayolidan kechdi Kozimjonning. “Nega u tik turibdi?” Sigir Kozimjonga talpinib, ovoz chiqardi. “Ochga oʻxshaydi”. Kozimjon tovuqkatakka qarab yurdi. Lekin u yerda tovuq tugul katakning yarim toʻriyam yulib olingandi – har holda biron yamoqqa ishlatilgandir...

Bu orada uy ichidagi yigʻi tovushi avj oldi: “Voy dadajonim!.. Yoningizda yurib diydoringizga toʻyolmadim. Qoʻlimizning kaltaligi qursin, koʻnglingiz tusagan ovqatniyam pishirib berolmadik!..” – qizlardan birining ovozi endi koʻchaga chiqib ketdi.
— Qaranglar unga! - havoda doʻrildoq erkak tovushi yangradi. – Ichkariga olinglar. Eshitgan quloqqa xunuk...

Kozimjon iziga qaytdi. Bir ayol va bir erkak borib, qizning qoʻlini tutib olishgancha nasihat qilishga tushishdi.
— Tegmanglar menga! Ketinglar! Katta deb sizlarni shu paytgacha eshitdim. Endi bas! Ertaklaringni borib bollaringga aytinglar... yoʻqolinglar!..
— Oʻzingni qoʻlga ol, betamiz! – erkak qizning yuziga tarsillatib tarsaki tushirdi. – Bitta sening otang oʻlibdimi? U meniyam dadam edi!..
— Endi dadang boʻp qoldimi? Oʻlganda!.. Tirigida nima qip berding - a?!. Xotinchang bilan bolangdan ortmading-ku!.. - Qiz ovozining boricha baqirardi.

Bu orada Kozimjon ularning yonlariga kelib qolgandi: qiz – marhum togʻasining eng kenja dilbandi - Dilnura, erkak esa - toʻngʻichi Zokir ekan.
— Dilnura!..
— Kozim aka!.. – Dilnura Kozimjonning boʻyniga osilib yana hoʻngrab yubordi. – Kozim aka, - boyaqish deyarli har bir soʻz orasida “hiq-hiq” deya sas chiqarardi, - Kozim aka, dadam bu dunyoga kelib nima koʻrdi, nima?.. – Dilnura tagʻin Kozimjonning boʻynini mahkam quchgan koʻyi “toʻkila” boshladi. – Bizni deb, shu landavur, omadsiz besh bolasini boqaman, deb oʻtib ketdi. Oʻziga engil-bosh olish u yoqda tursin, kasal oyogʻiga aqalli bir quti dori ham sotib olmadi, tushunyapsizmi Kozim aka, ololmadi... Birining shartnomasini toʻlayman dedi, boshqasining imoratiga taxta olay deb, oʻrisga ketgan oʻgʻlining esa roʻzgʻoriga un-yogʻ qip beray deb, nogironlik nafaqa puligacha oʻshalarga ilinib yurdi. Doʻxtirlar “Yotib davolaning” desa ham koʻnmadi. “Yaxshiman” deb hammamizni ishontirdi. Dadam chekkan dardning chidab boʻlmas ogʻrigʻi boʻlarkan, ungayam chidadi. Dori ichmay chidadi, Kozim aka!.. Voy-voy, ichim kuyib ketyapti... Da-da!.. Dadajon, nega meni tashlab ketdingiz! Endi maktabdan kelsam, kim meni “Goʻzal qizim!

Kozimjon nima qilishini, hayotdagi suyanib turgan togʻidan judo boʻlgan oʻspirin qizchaning huvillab qolgan koʻnglini qanday sehrli soʻz bilan ovutishni bilmay gung qoldi...
— Kozimjon, ichkari kir, kennoyingning koʻnglini soʻra, - dedi qarindoshlardan biri “shaharlik”ning tirsagidan ushlab roʻparadagi eshikka yoʻnaltirarkan.

Kozimjon koʻrsatilgan eshikka yaqinlashgan ediyamki, kimdir chopib kelib uni ochib berdi.

Kozimjon sham yorugʻida titrab turgan xonaga qadam bosdiyamki, ayollarning qiy-chuv yigʻisi qulogʻini qomatga keltirdi. Boshini koʻtarib, qator turgan xotin-xalajlar orasidan kennoyisini qidirib topdi. Koʻzlari bir-biriga tushgani hamon har ikkisi talpinishib, bagʻirlarini ochishdi. Kozimjon onasidek boʻp qolgan mehribon ayolning tanish taftini tuydi: koʻngli allanechuk boʻlib tokchada eriyotgan shamdek titradi.
— Voy-ey, Kozimjon uka, endi qanday qilamiz, togʻangiz oʻlmay men oʻlsam nima qilardi? Axir u nogiron boʻlsa ham bolalarga tirgak edi. Mendan koʻra foydasi koʻproq edi... – ayol Kozimjonning koʻkragiga boshini qoʻyib astoydil yigʻlar – boshiga tushgan favqulotda musibatdan dovdirab qolgani bois eri koʻp yaxshi koʻradigan jiyanining bilagiga mahkam yopishib olgandi.
— Boʻldi endi, oʻrtoqjon, Xudoning irodasi ekan... – xotin-xalaj orasidan kimdir chiqib bechorani yelkasidan tutgancha oʻziga tortdi. Ammo kennoyi Kozimjonning bilagini qoʻyay demasdi, “Shoʻrimiz quridi, Kozimjon uka, endi men bu bollarni qanday eplayman, Yunus togʻangizsiz nima boʻladi endi bu hayot?.. Oh!..”

Ona bagʻrini tigʻlab, dardini aytib boʻzlar ekan, yonida turgan ikki qizi ham yoqalarini yirtarchasiga toʻlgʻonib – yulqinib, oʻzlarini goh u, goh bu tomonga tashlab ayyuhannos solar, dodu faryod koʻtarar edi...

Kozimjon esankirab qoldi, sekin-asta esa yaqinlarining boshiga tushib, koʻksilarini chil-parchin qilgan gʻamdan uning ham qotib ketgan diydasi yumshaganday boʻldi.
— Eski velosipedingizni gʻijirlatib yursangiz boʻlmasmidi, sizsiz bu dunyo jim-jit boʻlib qoladi-ku endi... Oʻ-oʻhhh!.. – Kimningdir yetovida tashqari chiqayotgan Kozimjonning qulogʻiga kelib urilgan kennoyisining nolayu ohi endi uning botinini agʻdarib yuborgandek boʻldi... Kozimjonning koʻzlari hech nimani koʻrmay qoldi. Kaftlarining orqasi bilan ularni shoshib artdi – boʻlmadi. Goʻyo olam zulmatning ichiga qulab tushgandek tuyuldi...
— Dvigatel oʻchdi... Benzin bormi? – ovoz keldi.
— Qayda deysan... - dedi oʻzga ovoz...

Vaqt oʻtib, qorongʻilikka koʻnika boshlagan Kozimjonning koʻzlari atrofni ilgʻay boshladi. Keyin butun vujudi muzlab, tishlari bir-biriga urilib kakray boshlaganini his qildi.
— Aka, yuring. Bu yerda qiladigan ish qolmadi. Azonda qabristonga borib, ene tagʻin bu yerga kelamiz, - bilagidan ushlab oʻziga tordi Nozimjon.

Kozimjon endi ukasiga ergashdi. Ergashib ketarkan, qachondir, qaerdadir xotirasiga kirib kolgan bir misra she’r miyasida bombadek portladi: somon parchasidek oqib boramen.
— Nega, nima uchun? - derdi ichida kimdir. – Axir bor-yoʻgʻi ertalab butunlay boshqa odam edim-ku!.. Goʻyo hamma narsaga qodir edim. Endi-chi, endi?.. Endi nega bunday abgorman? Nega ixtiyorim, kuch-quvvatim yoʻq? Qaerga kelib qoldim? Qaysi dunyoga tushib qoldim men?.. x x x

Kozimjon kechasi bilan uxlay olmay toʻlgʻonib chiqdi. Xona sovuq, zax va gʻip qorongʻi edi. Toʻshak va bolishdan ham rutubat isi kelardi. Yotgan joyida uzanib sviterini topdi-yu shosha-pisha kiyib oldi. Lekin bir pas oʻtib tagʻin sovqotib, siygisi qistaganidan besaranjom boʻla boshladi. Turib hovliga oʻtay desa, qorongʻida demsalanib yiqilaman, deb oʻyladi. Qolaversa, hovlida itning hurishi eshitilib turardi, – buni tanimasa, tishlab-netib yurmasin, tagʻin. Borib ukasini uygʻotishni esa oʻziga ep koʻrmadi. Ammo ehtiyoj kuchaygan sayin noiloj qoldi: esiga telefoni tushib, uning xira yogʻdusida turtinib tashqariga chiqdi: Eshikning “gʻiyq” etgan tovushidan uygʻongan boʻlsa kerak Nozimjon qoʻlida fonar bilan paydo boʻldi.
— Aka?..
— Seniyam bezovta qildimmi?..
— Bezovtasi borakanmi? Yuring, itdan qoʻrqib yurmang yana. Bogʻligʻu bilib boʻlmaydi zangʻarni...

Kozimjon yengillab, ukasining kuzatuvida yotogʻiga qaytdi: lekin uxlay olmadi. Shahardan kiyib kelgan hamma kiyimlarini egniga ildi. Soʻng qalin paxta koʻrpaga oʻrandi-da, xoʻrozlar qichqirgunicha oʻtirib chiqdi...

Bir mahal eshik taqillab, ostonada ukasi koʻrindi.
— Assalomu alaykum, aka, yaxshi dam oldingizmi?..
— Ha, keldingmi... – ustidan koʻrpani himarib qoʻzgʻaldi Kozimjon.
— Mozorga oʻtib kelamizmi?..

Ular boshlashib tashqari chiqishdi. Qabristonga yetib kelishganda oʻntacha odam kecha qoʻyilgan qabr atrofida gʻamgin turishardi. Dilnura qiz ham bunda edi - doʻppaygan tuproqqa bagʻrini bergancha “xiyq-xiyq” siqtardi...

Togʻalaridan birining “Tur endi, qizim, ketaylik, boshqalar ham kelishyapti” degan gapini eshitishi bilan qiz qabrga yanada mahkam yopishib, “Men shu yerda... dadam bilan qolaman!..” deya uvvos sola boshladi...

Qarindoshlardan kimdir salom berib, kimdir bosh silkib, qabr oldida oyoq ilgan Kozimjonlarning yonidan oʻtgancha mahallaga eltuvchi yoʻlga qarab odimlashdi. Qoʻllaridan tutib, gavdasini majburan koʻtarmoqchi boʻlgan ikkita akasining iskanjasidan siltanib qutulmoqchi boʻlgan Dilnura boʻlsa jon achchigʻida baqirardi: “Menga tegishma!.. Men senlarga oʻxshab dadamni tashlab ketmayman! Yoʻqol hammang!.. Biring Rossiyaga ket, biring Toshkentga!.. Oʻzi dadamning boshiga sizlar yetdinglar... Hammangni yomon koʻraman, hammangni!.. – Dilnura yigʻlayverib shishib, ovozi boʻgʻilib qolgandi. – Yoʻqol!.. – u oʻzini kuch bilan sudrab ketayotgan akalarining quchogʻidan yana bir yulqinib chiqmoqchi boʻldi-yu qoʻqisdan jimib qoldi. Kozimjon qizginaning hushidan ketganini angladi. “Oyogʻini sudramay, azot koʻtarib olinglar” dedi boyagi xeshlardan biri...

Bu orada choʻkka tushib olgan Nozimjon qiroatni boshlab yuborgandi. Kozimjon unga ergashib tiz bukdi...

Keyin ular oʻlik chiqqan xonadonga kelishdi: Tumonat odam. Kozimjon erkak qarindoshlar bilan bir safga turib olib, kelganlarni ichkariga taklif qilar, duo oʻqilayotgan mahal hamma qatori tiz bukib oʻtirar, qoʻzgʻalinganda esa oʻnlab-yuzlab odamlarning “qoʻlini olib” kuzatar edi. Shunda u hamqishloqlarining yuzlariyu koʻzlarida yugurib ketayotgan fursatning qiyofasini ilgʻab qolganday boʻlar, boʻlgani sayin oʻziyam bilmaydigan nimaningdir ilinjida ularga tikilgani tikilgan edi...
— Bandachilik...
— Xudo rahmat qilsin...
— Oxirati obod boʻlsin...
— Ollo sabr bersin...

Kelib-ketayotganlarning oxiri koʻrinmas, Kozimjonning uzatilaverib-koʻrishaverib tolgan, gʻalati bir alfozda gʻoʻddayib qolgan qoʻllari oʻziniki emasdek tuyulardi. Avvaliga tanib-bilib, koʻrishganda ismlarini eslab turgan hamqishloqlarini tobora taniy olmay, eslab bilmay qiynaldi. Birining ortidan kelib turgan nigohlar oldiniga unga olam-olam mazmun boʻlib tuyulgan boʻlsa, borgan sari ular oʻsha ma’nidan mahrum boʻla boshladi: Koʻzlar… koʻzlar bu oʻtkinchi dunyoga tashrif buyurib, yana adam sahrosiga abadiy ravona boʻlayotgan yoʻlovchilarga aylandi – qoldi. Shunda u... Kozimjon dunyo, umr, hayot deganlarining asl holini – ibtido va intihosini qalb koʻzi bilan koʻrgandek his qildi oʻzini. His qildi-yu ajab hollarga tushdi: oʻzining ham oʻsha son-sanoqsiz odamlardan – yoʻlovchilardan zarracha farqi yoʻqligini angladi... x x x

Ertasiga choshgohga qadar turib bergan Kozimjonning joni siqilib ketdi. Nihoyat, otasining yoniga kelib, “Qaytishim kerak” dedi.
— Yaxshi. Yur, - dedi yakkayu yagona inisidan ayrilib, oʻzini oldirib, xiyol dovdirab yurgan ota. Kozimjon ergashdi. – Kennoyingga “ketyapman” deb qoʻy.

Keyin ota bir toʻp ayollar orasidan kelinni chaqirdi. Kozimjon kennoyisining koʻnglini koʻtarmoqchi boʻlib, poyintor-soyintor qilib nimalardir dedi. Lekin gapini tugatguncha oʻzini yomon koʻrib ketdi. Tugatgandan keyin esa nafratlana boshladi. Ayniqsa, “Koʻpam oʻzingizni qiynamang, boʻlar ish boʻpti. Togʻamning yoʻgʻini bildirmaymiz. Har oyda pul yuborib turaman. Hech narsadan zoriqmaysiz” deya boyaqish ayolning qoʻlini tutib, qogʻozga oʻrogʻli gʻishtdek pulni tars etib qoʻyganida... oʻzidan jirkandi... Eh, u yogʻini soʻrasangiz, Kozimjon bu xil vaziyatlar uchun juda-juda tajribasiz, gʻoʻr chiqdi. Hayot desa, poytaxtdagi oʻzining tarallabedod turmushini tushunarkan. Qishloqdan ketganiga koʻp boʻlgan edi, - qolaversa, ketgan chogʻida yosh – bor yoʻgʻi oʻn yettiga kirgan polapon edi... Endi qarasa, oradan koʻp suvlar oqib oʻtibdi. Bu suvlar oz emas, koʻp emas, naq yigirma toʻrt bor dumalabdi. Eh, nimasini aytamiz... Oʻsha suvlarga qoʻshilib oʻmbaloq oshavergan Kozimjonning boshlari aylanib qolibdi...

Kozimjon mashinasiga oʻtirib qishloqni, soʻng shahrarni kechib, to keng sayhonliklarga chiqqunga qadar garang bir holda edi: na fikrlardi, na his qilardi. Dunyo va hayot toʻgʻrisida shu choqqacha botinida qoim boʻlgan borliq haqiqat qoliplari sinib-parchalanib atrofga sochilib ketgandek va uning oʻzi ham ana shu parchalarga qoʻshilib uchib yurgandek edi. Lekin vaqt oʻtar, uchib-toʻzib ketgan mezonlar yana zaminga qayta boshlagandi. Ularga qoʻshilib esa Yunus togʻa bilan bogʻliq soʻnggi xotiralar yodiga tushdi... x x x
— Allo, Kozimjon, jiyanim! Assalomu alaykum!
— Vaalaykum assalom. Togʻa, sizmisiz?
— Ha, men jiyanim. Yaxshimisan?
— Yaxshi, togʻa, oʻzlaring tinchmisizlar? Sogʻliq qalay? Oyoq, oyoq-chi?
— Rahmat jiyanim hol soʻraganing uchun, tinchlikka tinchmiz. Faqat...
— Gapiravering, togʻa...
— Faqat... jiyan... shu desang, oyoqdan qorason boshlangan. Doʻxtirlar bittasini kesib tashlashdi, lekin zangʻar... ichkarilab ketibdi. Tez chorasi koʻrilmasa boʻlmasmish...
— Togʻa, tuppa-tuzuk yuruvdiz-ku. Oyoqni qachon kesishdi? – hayron boʻldi Kozimjon.
— Bizdan nima yordam?
— Nimayam boʻlardi, jiyan? Qurgʻur... puldan qisilib turibmiz.
— Mayli, men birontasidan yuboraman, xavotir olmang, - Kozimjon gapni shunday ohangda gapirdiki, togʻa jiyanining judayam shoshib turganini tushundi.
— Kechir jiyan, ishingni koʻpida seniyam tashvishga qoʻydim... - siniqib uzrxohlik qildi Yunus togʻa...
— Hech boki yoʻq, togʻa, tuzalib keting...

... Lekin Kozimjonning ishi koʻp emasmi, qishloqqa pul yuborishni unutgandi oʻshanda... Togʻa boʻlsa... togʻa boshqa telefon qilmadi... x x x

Koʻm-koʻk adirlar bagʻrida mashinasini uchirtirib ketarkan, endi Kozimjon alamdan tinmay labini tishlar, peshonasidagi koʻzguga koʻzi tushib qolishidan qochibmi, oynani tepaga qayirib qoʻygancha hadeb gaz pedalini ezgani ezgan edi... Eh, qaniydi pedalni bosib mashinasini uchirgani barobarida quvib-bostirib kelayotgan achchiq xotiralardan xalos boʻlish mumkin boʻlsa...

Oʻshanda Kozimjon yosh edi...

Kunlardan bir kun togʻa-jiyanning “ovlari” yurishmadi: shu qidirishib oʻroqqa ilingulik bir tutam ham oʻt topisholmadi. Shunda Yunus togʻa mototsikl rulini Qirgʻiziston tomonga burvordi. Kozimjon eslaydi – u vaqtlarda hozirgidek simtoʻsiqlar boʻlmasdi. Odamlar bir-birovinikiga emin-erkin borib kelishardi. Qirgʻizistonda paxta oz ekilardi, oʻt-oʻlan esa koʻp boʻlardi...

Bir mahal Kozimjonning koʻzi oʻziga qarab tepalikdan tushib-bostirib kelayotgan, yuzlari oftobda kuyib-qorayib ketgan tegarak yuzli kishiga tushdi. Tushdi-yu ortiga – togʻasi tomonga javdirab qaradi. Togʻa ellik qadamcha narida dunyolarni unutib shamak oʻrardi.

– Togʻa! - saslandi jiyan jur’atsizgina. Lekin Yunus togʻa xazina topgan emasmi, oʻtning shitir-shitiridan boʻlsa kerak, eshitmadi – boshini quyi solgan koʻyi ha, deb oʻroq urgani urgan edi.
— Ejendi emgur sartin balasы!..

Kozimjon oʻgirilib, shundoq tumshugʻining tagida qisiq koʻzlari yiltillab turgan Dadaxonni koʻrdi. U shu atrofdagi yerlarning – sovxozning raisi edi. Hamma undan shunday hayiqardiki, hatto soyasiga salom berishardi. Lekin Kozimjon salom berishga ham ulgurmadi: quloq chakkasiga kelib tushgan mushtdan munkib, toʻgʻri ariqning ichiga quladi.
— Togʻa!.. – qichqirdi jonining boricha qoʻrqib ketgan Kozimjon boshini suvdan chiqarib.

Yunus togʻa eshitdi. Qaddini adl koʻtarib ortiga qaradiyu vaziyatni angladi shekilli, chopgancha shu yoqqa yoʻnaldi.
— Nima qildi senga? Urdimi? – halloslab kelarkan yoʻl-yoʻlakay soʻradi u.

Kozimjon indamadi. Lekin musht tushgan jagʻini ikki qoʻllab ushlab olganidan hammasi ayon edi.
— Yosh bolaniyam uradimi?..
— Kim chakыrdi seni bul jerga? - kutilmaganda Dadaxon Yunus amakini ham tushirib qoldi. Ariq qiyisida emasmi, u ham xuddi jiyani kabi suvga uchib ketdi. Hamma yogʻi jiqqa xoʻl boʻlgan Yunus togʻa suvdan chiqa solib, Dadaxonga tashlandi: “Meni ursang, ur, lekin bolaga nega qoʻl koʻtarasan, nomard!”. Uning raqib yoqasiga uzatilgan qoʻli havoda qoldi: Dadaxon kichik va oriq jussali Yunus togʻani azot koʻtarib oldi-yu suvga yana shaloplatib otib yubordi.
— Ah!.. – deya qichqirib yubordi togʻa. Keyin Dadaxonni boʻralab soʻkdi: - He, onangni!..
— He, ejengdi!.. – dedi rais unga javoban. – Bashqa qarangniyam koʻrmay.
— Bir tutam oʻt uchun bolani urasanmi, it!.. – baqirardi Yunus togʻa ariq ichida kuymalanib.
— Bul jer menin jerim, - kalasam uram, kalasam kamatib jibarem, - dedi Dadaxon unga xezlanib, - keyin togʻa-jiyanning arqonini yerga tashladi-da, ularga Kozimjon oʻrgan oʻtlarni solib, koʻcha chetida, oftobda “yalt-yalt” etib turgan “Gaz-24” mashinasining yukxonasiga yuklay boshladi.
— Yomon urmadimi seni? – soʻradi togʻa ariq qiyisiga tirmashib chiqarkan.
— Yoʻq, - deya yolgʻonladi Kozimjon iyagi yaxshigina ogʻrib turganiga qaramay. “Ogʻriyapti” desa bormi, togʻasi yana kuchi yetmasligiga qaramay, qirgʻizga tashlanadigandek edi nazarida. – Yaxshiman togʻa. Oʻzingiz-chi?
— Hech qisi yoʻq. Nima boʻpti u menga? Bir achchigʻim chiqsa bormi...

Kozimjonning kulgisi qistadi. Lekin togʻasining qon silqib oqayotgan oyogʻiga koʻzi tushib, qoʻrqib ketdi...
— Oyogʻingiz, togʻa!..
— Bachchagʻar!.. – Yunus togʻa jiqqa hoʻl shimining pochasini shimalagan koʻyi Dadaxon tomonga yovqarash qildi. Keyin jiyaniga yuzlandi, - Oʻrogʻing suvda ekan, oʻshaning ustiga tushdim shekilli. Ma, ol, - togʻa Kozimjonga oʻrogʻini uzatdi.
— Qon koʻp oqyapti, togʻa, - xavotirga tushdi jiyan.
— Turib bitta peshob qilvorsang, olam guliston. Keyin sirib bogʻlaymiz, - beparvo gapirdi togʻa...

Shunday qilib, ikkovlon togʻaning Dadaxon koʻzidan panada qolgan oʻtlarini yigʻishtirishdi-da bir bogʻ qilib apil-tapil loʻtkaga tiqishdi.
— Balki yana oʻrarmiz... – dedi Kozimjon.
— Ha-ha-ha... – Kuldi Yunus togʻa. Dadaxonni bilmas ekansan. Ketganiga ishonma. Tulkigayam firib beradi u. Tez oʻtir. Boʻlmasa, hozir qaytib kelib, yana bir baloni boshlaydi.

Mahallaga kelishgach, mototsikl avval toʻgʻri Kozimjonlarnikiga yoʻl soldi.
— Siz uyingizga ketavering. Men shu yerda tushib qolaveraman, - dedi Kozimjon.
— Hozir... - dedi-yu togʻa indamadi. Manzilga yetib kelishgach esa oʻtni loʻtkadan inqillab chiqara boshladi.
— Nima qilyapsiz? - dedi Kozimjon togʻasi harakatini tushunmay.
— Yordamlashsang-chi, ogʻir ekan, - kuchanib dedi togʻa.
— Iya, buni qaranglar! Axir oʻt sizniki-ku! – ajablanib turgan joyida dedi Kozimjon.
— Sizniki, meniki... Yoʻq, unaqa narsa bizning oʻrtamizda, jiyan. U yogʻini soʻrasang, mening boshimda senikidek otam ham yoʻq – nega oʻtsiz kelding, deb tergaydigan. Sen indamay olaver, keyin xursand boʻlasan… Iya, daraxtmisan, - bir joyda turgani? Tutsang-chi, bir uchidan.

Ular birgalashib oʻtni tushirishdiyamki, yuzi halitdan beri oqarinqirab turgan togʻa hushsiz bir alfozda yerga yiqildi... x x x

Bu orada qora “Jip” yeldek yelib, Sirdaryodan oʻtgancha poytaxtga yaqinlashib borardi.

“Boʻldi... Men hammasini tushundim, togʻa. Meni kechiring... Oyogʻingiz uchun kechiring... Ogʻir damlaringizda yordam berolmaganim uchun kechiring... Sizni unutib qoʻyganim uchun kechiring... Hamma-hammasi uchun... togʻa... Siz men bilan topgan-tutganingizni hamisha baham koʻrardingiz: meni oʻzingizga tengsherik bilardingiz. Men-chi, men?!.. Lekin endi xatoimni tuzataman. Sizning yoʻqligingizni oilangizga bilintirmayman... Qolgan oʻgʻillaringizni uylayman, qizlaringizni chiqaraman, hammasining roʻzgʻorlarini butlayman, yaxshi-yomon kunlarida doimo yonlarida boʻlaman, togʻa!..” x x x

Yoʻl, marosim, gʻussa... Kozimjonni ezib tashlagandi. Ertasi tushgacha qotib uxladi... Bir payt qoʻshni xonada yangrayotgan musiqa ovozidan uygʻonib ketdi.
— Mahzuna!.. Ruxsora!.. Kim bor?..

Lekin uni hech kim eshitmadi. Erinibgina qoʻzgʻaldi.
— Qizim!..
— Voy... Assalomalaykum, dadajon, - oʻrnidan turib, salom berdi endi maktabdan kelib narsalarini joylayotgan qizi Ruxsora.
— Sal pastroq eshitsang-chi...
— Kechirasiz, sizni uyda yoʻq deb oʻylabman... – qoʻlidagi matoh bilan musiqa ovozini pasaytirdi qizcha...
— Yaxshi dam oldingizmi dadasi? Oʻtiring, hozir choy damlayman, - mehribonlik koʻrsatdi xotini.
— Ishtaham yoʻgʻroq... Bitta achchiq qahva bersang – yetadi, – yumshoq divanga ogʻirgina choʻkdi Kozimjon. Keyin oynavand xontaxtaning ostki qavatidan sigaret olib tutatdi...
— Dadasi, togʻaga nima qipti? – finjonda quyuq fahva keltirgan ayol erining yoniga omonatgina oʻtirdi.
— Oyoqdan ketibdi... Qorason...
— Voy bechora... Haligi... oʻroq kirgan oyogʻi baribir tinch qoʻymabdi-da, a?
— Uff... – oʻrnidan turdi Kozimjon.
— Qahva...
— Oʻzing ichaver, - kutilmaganda qoʻrs gapirdi Kozimjon xonadan chiqib ketarkan.

Mahzuna hayron boʻlib qarab qoldi. x x x
— Assalomu alaykum, xoʻjayin. Marosimlarni oʻtkazib keldingizmi?
— Vaalaykum. Ha, rahmat... Oʻzingda nima gaplar?
— Hammasi joyida, - qoʻlini koʻksiga qoʻydi yordamchi.
— Biron muammo? – qoshini chimirdi Kozimjon.
— Xudo saqlasin, xoʻjayin.
— Yaxshi, - koʻngli toʻlib kresloga choʻkdi Kozimjon.
— Ertaga Tailand safarimiz bor. Xayoldan faromush boʻlmadimi? – soʻradi yordamchi yaqindagi oʻrindiqni oʻziga qulayroq qilib surib olarkan. – Biletlar tayyor. Haligilar ham...
— Bilmasam... - mujmallandi Kozimjon, - qishloqqa borib butunlay oʻzga bir dunyoga tushib qolgandek boʻldim. U yerdagilarning dardi meni dovdiratib qoʻydi...
— Shuni aytamanda xoʻjayin, safarga borsak, yozilib qaytardingiz. Qishloqdagi koʻngilxiraliklar yuvilib, uzoqda qolardi.
— Seningcha oson ekanda-a? Men tugʻishgan akamdek, hatto otamdek boʻlib qolgan togʻamdan ayrildim. Sen boʻlsang, safar deysan, koʻngilxiralik deysan...
— Xoʻjayin, meni kechiringu, sirasi, oʻlim har boshda bor. Bu yogʻi - siz borib, qarindoshlik, jiyanlik burchingizni ado etib qaytdingiz. Endi oʻzingizni qiynamang. Hammasi oʻsha yerda – qishloqda qoldi. Menga qolsa, shu holingizga safar eng yaxshi davo, xoʻjayin. Hadeb kuyavermang,
— Shunaqa de, - Kozimjon sermulohaza yordamchisining koʻziga ma’noli tikilib turdi-da, qoʻshib qoʻydi, - oʻylab koʻray-chi...
— Yana bitta gap: Dilerlarimizdan Abdurasul bor-u, oʻsha bir hafta burun ziyofatga taklif qilgan edi, eslaysizmi? - butunlay oʻzga ohangda gap qotdi yordamchi.
— Qachonga edi?
— Bugunga. Oʻzining restoraniga, «N” mi, “M”mi, otiyam yoddan koʻtarildi, oʻsha yerga.
— Borish shartmi?
— Abdurasul judayam jiddiy hamkorimiz. Mahsulotimizni janubiy viloyatlarga faqat shu kishi tarqatadi.
— Hm...

* * *

— Ertaga uchadigan boʻlsak, koʻpayib ketmadimi, xoʻjayin? – quy deb turgan Kozimjonga es boʻldi yordamchi.
— Quysang-chi! – gʻashlandi Kozimjon.
— Xoʻp, mana...

Yordamchi mavridini topib dilerlar qulogʻiga aza bilan bogʻliq nimadir shipshidi shekilli, bular Kozimjonga hamdardlik bildirishdiyu ziyofat boshlangandan buyon nega uning kayfi chogʻ emasligini tushungan kabi oʻzaro suhbatga tolishdi.

Kozimjon boʻlsa oʻrtada muqom qilib oʻynayotgan “Shou” qizlaridan koʻzini uzmas, ayni chogʻda bosib-bosib ichardi...

Shu payt hammaning koʻzi oʻnggida – maydon markazida baliqdek biltanglayotgan qizlar stollar aro sochilib ketishdi. Bittasi – boyadan beri Kozimjon koʻzini uzmay tikilayotgan oppoq badanlisi keldi-da, toʻr mato bilan xiyolgina yopilgan siynalarini, ulardan-da kamroq toʻsilgan chiroyli dumbalarini dirkillatib oʻynay ketdi. Kozimjon atrofga hirs tarqatib va unda hirs uygʻotib toʻlgʻonayotgan goʻzal raqqosaga afsunlanib boqar ekan, koʻzlari porladi. Bunga sayin raqqosa muqom etib, borliq a’zosini oʻynatib, Kozimjonning naq tumshugʻiga qadar keldi.
— Voy-dod, akasi! – deya qichqirdi dilerlardan kimdir.
— Qistiring endi, nari ketsin, boʻlmasa... – dedi Abdurasul.
— Ha – ha – ha! - kulishdi davradagilar.

Kozimjon kissasidan bir dasta pul chiqarib, raqqosaning chumolinikini eslatadigan nozik belchasiga bogʻlangan pushtirang ipga ildi-yu dirkillab turgan dumbasiga yengil shapatiladi.
— Vah – heee! – qiyqiriq avjiga chiqdi.

Olarini olib, murodiga yetgan raqqosa Kozimjonni tashlab, noz-karashma bilan aylagancha Abdurasul tomonga toydi...

Kozimjon qadahini tagʻin boʻshatdi-yu botinida gʻam oʻrnida farah jimirlayotganini tuyib qoldi. “Ajab” dedi oʻzi ham tushunmayroq. Lekin ortiq mushohada yuritishga hushi yoʻq edi shu tobda: fikru yodi oʻzga stolga yoʻrgʻalab ketgan raqqosaning xiromlarida, jon olgʻuchi nazzoralarida qolgandi.
— Nima deysiz, gaplashib beraymi? – luqma tashladi Abdurasul Kozimjonning dilidagini oʻqigan kabi.
— Abdurasulbek, - dedi Kozimjon hamkorining gapini ogʻir olib, - agar xohlasam, bu yerdagilarning hammasini shundogʻam olib ketaman!..

Oʻrtaga qandaydir yoqimsiz sukunat choʻkdi...
— Katta gapirdingiz, aka... Qizlar bizga qarashli. Agar biz ruxsat bermasak... - Abdurasulning gapi ogʻzida qoldi.
— Kelishamiz, janoblar!.. – qaysi tomonning koʻnglini olishni bilmay oʻrtaga oʻzini otdi qaltis vaziyatdan esankirab qolgan yordamchi. – Hamkorlar boʻlsak... Biz iltimos qilsak, Kozim akasidan Abdurasuljon akamiz bitta raqqosani qizgʻanmasalar kerak. Ikkita sherdek hamkor erkaklar oʻrtasida bitta qiz nima degan gap oʻzi, a, toʻgʻrimi? – oraliqdan muvaffaqiyatli chiqib olgan yordamchi yengil tin oldi...

Kozimjonning rangi boʻzarib nimadir demoqqa lab juftlagan ediyamki, telefoni jiringlab berdi.
— Allo... Nima?.. – Nozimjon, uka, yana senmisan? Hozir. Bir daqiqa kut, tashqariga chiqay, - Kozimjon oʻrnidan qalqarkan, xiyol tebrandi-yu u yogʻiga ravongina yurib ketdi. – Ha, uka, tinchlikmi?
— Aka... Nima deyishni ham bilmay qoldim, - qiynaldi Nozimjon.
— He, gapirsang-chi, ichimni qizdirmay, nima boʻldi?
— Dilnura, jiyanimiz... Shu ketib qoldi...
— Dilnura? Qaysi Dilnura? Qaerga, nimaga ketadi, Nozimjon? Nega muni menga aytasan! – rosmana jahli chiqdi Kozimjonning.
— Dilnura – Yunus amakimizning qizi... Yuragi ushlab qolib... ushlab... oʻlib qoldi, aka!.. - yigʻisi keldi Nozimjonning.
— Nima!...
— Hech kutmagandik... Dadasini qoʻyganimizga uch kun boʻlmay qizi bunday boʻp oʻtiribdi...
— Dilnura... Dilnura... – Kozimjon birdaniga eslay olmadi. Keyin “lop” etib hammasi yodiga tushdi: Boyaqish qizning azadagi aytib yigʻlashlari, qabr ustidagi jazavasi, hushidan ayrilib qolgani, akalarining qiz bechoraning qoʻl-oyogʻidan tutib mashinaga olib ketishlari... hamma-hammasi. Ayniqsa, buning boʻyniga osilib olib, dadasining diydoriga toʻyib ololmaganini aytib faryod chekishlari, “Amaki, endi men dadamsiz qanday yashayman?” deyishlari Kozimjonning qulogʻi ostida jaranglab ketdi...

Lekin ayni damda negadir bularning hammasini oʻziga aloqasi yoʻqdek his qildi...
— Boʻpti, Nozimjon, boraman, - dedi Kozimjon aytayotgan gapining asl ma’nosini oʻzi ham ilgʻamay...

Telefonni choʻntagiga soldiyu nima qilishini, qaerga ketishini bilmay taraddudlandi... Turdi-turdi-da, beixtiyor ravishda ichkari yurdi. Binoga kirgani hamona qulogʻiga shoʻx arab musiqasi, koʻzlariga esa haligi jononning muqomlari, olovli nigohlari urildi. Botinini tinglasa, – ajib bir hol: yuragining bir parchasida ogʻriq turgan esa, boshqa qismi orom qoʻynida jimirlardi...

Kozimjon oʻzini gʻalati bir aro yoʻlda, yoʻq-yoʻq, ikki olovning oʻrtasida qolgandek his qildi. Faqat olovlarning biri Kozimjonning oʻziga qarab turgan tomonini kuydirib azob bersa, boshqasi boshqa tarafiga huzur va rohat bagʻishlardi...

Oradan koʻp oʻtmay esa u yana may icha-icha, shoʻx-shodon musiqani tinglay-tinglay, goʻzal raqqosaga boqa-boqa oʻzga odamga aylandi – qoldi: endi yuragining yarmini kuydirib azoblayotgan Olov taftini sezmay qoʻydi...
— Toʻlatibroq quy, soqiy, - dedi u yordamchini dadilroq boʻlishga undab. – Anavi jonon uchun ichamiz!
— Xoʻjayin, - Kozimjonning qulogʻiga shivirladi yordamchi. – Tailandga ellikta nomzodning ichidan tanlab olgan qizlarimiz bundan ancha chiroyli... ishonavering...
— Bilaman, bu ishlarga ustasi farang boʻp ketgansan. Ammo-lekin, sen maqtayotgan xonimlar hozir oldimizda emas-ku! Oldimizda boʻlganda gapirsang yarashadi. Oʻshanda biz ham sharaflariga qadah koʻtaramiz... Uqding, oʻqimagan? – Kozimjonning kayfi osha boshlagandi. – Bugun esa... bugun biz... nimaydi oti anavining, a?..

Yordamchi yonida oʻtirgan dilerdan raqqosaning ismini asta soʻradi. Keyin xoʻjayiniga yuzlandi.
— Dilnura...
— Bugun biz Dilnura uchun... A? Nima deding otini?!.. – kutilmaganda Kozimjonning qadahi qoʻlidan sirgʻalib tushib chil-chil sindi. Oʻzining boʻlsa quti oʻchib mum tishladi.
— Dilnura degin?.. – boshini koʻtardi Kozimjon yordamchisiga yomon qarab. – Mayli... Boʻpti... Dilnura boʻlsa, Dilnura-da!.. – Kozimjon yarimlab qolgan shishani qoʻliga olarkan, oʻrnidan turdi, – Dilnura boʻlsa, Dilnura uchun ichamiz!.. – u bir koʻtarishida tin olmay shishani boʻshatdi. Davradagilar hang-mang boʻlib bir-birlariga avval qarab, soʻng yelka qisishdi... Yarim tunda mashinaning orqa oʻrindigʻida Dilnura ismli raqqosani quchib ketarkan, Kozimjonning xayolidan “Nega men qishloqda qolgan, hozir, shu tobda koʻzlarini bu dunyodan abadiy yumib yotgan jigargoʻsham – uzoqdagi Dilnurani, uni oʻldirgan dardni his qilmay qoʻydim? Axir kechagina uning uchun, ularning hammasi uchun yigʻlagandim-ku! Dilnuraning, onasining faryodlari qotib ketgan dilimni yumshatgan edi-ku! Qani endi oʻsha yigʻlagan qalb? Hammasiga sabab ularning mendan uzoqda - koʻrar koʻzlarimdan yiroqda yashaganliklarimi?” degan soʻroq “milt” etib oʻtdi. Lekin shu onning oʻzidayoq oʻsha savollar javob-pavobiga qoʻshilib Kozimjon vujudini oʻz qa’riga yuhodek tortayotgan kayf va ehtirosning haroratli bagʻrida issiq tuproqqa bevaqt tushgan qor parchasidek eridi-ketdi...

2009, mart-aprel.