OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUlugʻbek Mustafoqulov
Asar nomiOq qashqa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ulugʻbek Mustafoqulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oq qashqa (hikoya)
Ulugʻbek Mustafoqulov

Tongda meni kimdir turtilab uygʻota boshladi.
— Jabbor tur, turaqol endi.

Uyqu elitayotgan koʻzlarimni harchand ochishga harakat qilmay, baribir ocha olmasdim.
— Voy oʻzimning uyquchi ukam-ey, qani turivorchi. Ovoz egasini endi tanidim. Bu akam Qahhor edi. Muloyim tovushda yana menga murojaat eta boshladi.
— Tursang bir narsa koʻrsataman.

Uyqum ochilib ketdi. Tasodifan kechasi akamning allamahalgacha uyga kelmaganligi esimga tushdi. Oyim rosa xavotirlandi. Chunki uning bunday kech qoladigan odati yoʻq edi.

Qahhor akam kecha erta bilan bizning qishloqdan oʻn chaqirim olisdagi guzor bozoriga meva ortib, ot aravada joʻnagan edi. Avvallari ham koʻp qatnagan. Ammo qosh qoraymasdan uyga qaytib keladi. Kecha esa...

Akamning allamahalgacha daragi boʻlavermagach, oyimning ishtahasi boʻgʻilib, tomogʻidan ovqat ham oʻtmadi. Bir vaqt tashqarida shamol turib, chang-toʻzon koʻtargancha uvvos solib, derazalarni zirillata boshladi. Oyimga esa shamol oʻynayotgan oynani akam chertayotganday tuyulardi. Boz ustiga chiroq ham oʻchgan.
— Kara-chi bolam. Akang qaytib, qorongʻida tentirab uyga kirolmay yurmasin, — derdi nuqul.

Shuning uchun bir necha bor koʻcha darvozasidan xabar oldim. Darvoza berkitilmasa shamol uni sindirib yuborishi hech gap emasdi. Oxiri shamol pasaya boshlagach, eshiklarni ochiq qoldirib, uxlagani yotdik.

Dong qotib, akam qachon qaytganidan ham xabarim boʻlmabdi.
— Qachon keldingiz?— Tura solib unga yuzlandim.
— E, qoʻyaver... — Akam negadir kayfiyatsiz ohangda qoʻl siltab qoʻydi. Bir koʻngilsiz hodisa yuz berganligi uning eti ustixoniga yopishgan chayir yuzidan sezilib turardi.
— Nima boʻldi? Ayta qoling... — U menga bir narsa koʻrsataman deganiga qiziqsinab ortidan ergashsam-da, savol berib jon-holiga qoʻymasdnm.
— Qorabayir oʻlib qoldi, — dedi oxiri akam ogʻir tin olib. Bir zum yurishdan toʻxtab, yosh halqalangan koʻzlari bilan bir menga qarab qoʻydi-da, soʻng ma’yus nigohini yerga qadadi. — Qayoqdan ham boʻgozligini bila turib aravaga qoʻshdim-a.

Akamning iztirobga tushayotgani bejiz emasdi. Qorabayir nihoyatda zoʻr, nasldor ot edi. Unga har qanday odamning havasi kelardi. U qishlogʻimizda har yili hosil bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladngan poygada bosh sovrinni qoʻlga kiritar, yelib borayotganda goʻyo tuyoqlari bilan emas, qanot chiqarib uchayotganday tuyulardi. Uni sotib olishga qiziqqanlar qancha edi. Akam har gal ularga rad javobini berar, undaylar bilan hatto qizishib, mushtlashib ketishiga sal qolardi. Oxiri hoviridan tushib:
— Axir tushuninglar, bu ot emas, mening doʻstim. Odam doʻstini ham sotarkanmi? — deb ohista tushuntirishiga oʻtardi...
— Aka, menga bir iarsa koʻrsatmoqchi edingiz, shekilli, — Qahhor akamii qaygusidan bir zum chalgitish uchun unga murojaat etdim.
— Ha-ya, yur... — Akam meni ogʻilxonaga yetakladi. U yerga kirdim-u, ogʻzim ochilib qoldi. Xuddi qorabayirimizga oʻxshagan jigarrang, yuzida oq qashqasi bor, endi tugʻilgan quluncha turishga majoli kelmay, tugmaday koʻzlarini menga qadab choʻzilib yotardi.
— Vuy chiroyliligini... Bu qorabayirimizning bolasimi, aka?— deb soʻradim.
— Ha. Shuni tugʻdi-yu, oʻzi oʻldi, — Akamning ichki bir tugʻyondan ovozi oʻzgarib chiqdi. — Yaxshi ham nasli qoldi. Xudo xohlasa, bu shunday poygachi ot boʻlsinki...

Sabrim chidamay, kulunning yoniga borib yollarni siypadim. Quloq uchlarini qitiqladim.
— Ehtiyot boʻl, — dedi akam xavotir aralaga.

Uni koʻrib qanchalik koʻzim quvnagan boʻlsa, shunchalik rahmim kela boshladi.
— Aka, buni endi qanday boqamiz?
— Yoʻlini qilamiz.

Akam oyim isitib qoʻygan sutni shishaga solib, uning ogʻziga soʻrgʻich kiydirib qulun oldiga keldi.

Qulun ancha vaqt soʻrgʻichni ogziga solishni istamadi; tipirchilab qarshi turdi. Akam boʻynidan quchoqlab, unga soʻrgʻichni majburlab soʻrdirdi. Dulun oʻzi ham sutning mazasini tuygach, ogʻzini chapillata-chapillata ema boshladi.
— Mana shunday... — dedi akam qulunni erkalab. Shishadagi sutni boʻshatgach, qulun toʻymagan kabi akam oldiga kelib yamlanib turdi.
— Yetadi, hozircha yetadi. Hammasini birdan ichib boʻlmaydi. Keyinroq yana beraman, xoʻpmi?

Kulun akamning soʻzini anglagan kabi bosh egib turardi.

Akam qulunchaga Oq qashqa deb nom qoʻydi. Asta-sekin u oʻsa boshladi. Goh akamga, goh menga ergashib yuradigan payt ham keldi.

Ilk marta Oq qashqaning ogʻilxonadan chiqqani esim-da. U biram oʻynoqlardi, goʻyo bu ulkan dunyoning kengligi-yu, yorugʻligi uni hayratga solgandi. U dikonglab, hovlini chir aylanib chopardi. Ogilxona atrofida goʻng titib yurgan tovuqlar yel toʻzgʻitgandan toychoqdan choʻchib, qanotlarini yozib turli yoqqa tarqalishdi. Hoʻroz jangari chiqib qoldi. U qagʻillab qolmay, qanotlarini yozib, boʻynini choʻzib, Oq qashqa ustiga tashlandi. Bunday xujumga uchrarman deb oʻylamagan Oq qashqa dovdirab, oʻzini bir chekkaga oldi. Birozdan soʻng yana boshini koʻtarib kishnab oldi-da, quyrugʻini dikkaytirib, har tomonga chopishda davom etdi. Ichkaridan chiqib kelgan akamni koʻrgach erkalanib, uning yoniga keldi. Akam Oq qashqaning yollarini siypar ekan:
— Bu yerda zerikayapsanmi, toychogʻim? Yur, seni oʻrtoqlaring oldiga olib boraman, — dedi. Qiziq, akam unga gapiga tushunadiganday muomala qilardi.

Birgalashib, Oq qashqani yetaklab, qigaloq chetidagi sayxonlikka yoʻl oldik. Bu yerda bir toʻda biyalar qulunlarini ergashtirib oʻtlab yurishardi. Kulunlarning oyoqqa bosganlari ham, ancha tetiklashib chopa boshlaganlari ham bor. Ular bir-birlari bilan quvishib oʻynashar, soʻng kishnashib, onalarini emishga tushardi.

Oq qashqa sayxonlikka tushgach, yanada yayrab ketdi. Bir kishnab olgach, dastlab oʻzining yaqinida turgan qizil biyaning quluni tomon otlandi. Uning ham shodlanib, qarshi olishini kutgandi. Qulun esa bu hol yoqmaganday quloqlarini chimirib, onasining yoniga kelib oldi. Oq qashqa yana unga suykala boshladi. Qulun esa hamon begonasirardi. Aksiga olib, biya ham Oq qashqani hurkitib, unga tomon vahimali odimladi.

Oq qashqa boshqa qulunlarga ham suykalib koʻrdi. Ular bilan oʻynoqlagisi keldi. Ammo boshqa qulunlar ham negadir uni yonlariga yoʻlatmasdi. Ularni erkalaydigan onalari bor edi. Oq qashqaning esa... Uning koʻzlarp inson kabi oʻksik chaqnardi. Nazarimda u ilk marta yolgʻpzlikning, onasizlikning azobini tuyayotgan edi.

Bnz soylikka tushib, mollarga oʻt oʻrib chiqquncha, Oq qashqa huv narida oʻtlab yurgan otlar uyuridan yakkalanib, keng sayxonlikning bir chetida koʻm-koʻk maysa ustida choʻzilib yotardi.
— Toychogʻim, seni sigʻdirishmadimi?— Akamning tovushini eshitishi bilan u dik etib oʻrnidan turdi. Kishnab-kishnab uning yoniga chopib keldi. Shundan soʻng har doim akamning, akam boʻlmasa mening ortimdan soyaday ergashib yurishni kanda qilmadi. Koʻrganlar ajablanib:
— Bu toychogʻinglar itga oʻxshab ortlaringdan qolmaydi-ya, deyishardi.

Kuz ham keldi. Kattalasha boshlagach, barcha toylarniig qirqilish davri boshlandi. Oq qashqaning yollarini, quyrugʻini tekislab kesgach, yana ham chiroylilashib, koʻrkamlashib ketdi.
— Ishga kirishadigan vaqt ham kelayapti. Hademay men seni chopishga oʻrgataman. Faqat sen dangasalik qilma, — deb akam Oq qashqaga murojaat qila boshladi.

Ammo uning umidi uzilishiga sal qoldi. Bu vaqtda Oq qashqaning endi yetilib kelayotgan davri edi. Bir kuni uning tuyogʻiga koʻz solib hayron qoldim. Naq oʻrtadan yorilib, sigir tuyogʻiga oʻxshab qolgandi.
— Qanday qilib jarohatlanding? Koʻz tegdimi, toychogʻim. Seni oyoqqa bostirib boʻlarmikan?— Akamning oʻsha kungi holatini tasvirlash qiyin edp. Chayir yuzi koʻmirday qorayib ketgandi. Ammo u qarab turmadi. Iliq suv bilan bir necha bor yarasini yuvdi. Bechora jonivor ogʻriqqa chidayolmay, bezgak tutgandagi kabi butun tanasi bilan dir-dir qaltirardi. Akam tuyogʻining yorilgan oʻrniga choʻchqa moyi surtib, xaschoʻp kirmasin deb latta bilan boglab qoʻydi.

Uch-toʻrt kundan soʻng qaltirogʻi ham kamaydi. Akam bot-bot Oq Qashqa jarohatiga choʻchqa moyi surkab turdi.

U tuzala boshladi. Hatto eshik oldiga chiqib yugurarlik holga keldi. Koʻzga koʻrinib, biroz semirdi. Yana koʻrkamlasha bordi. Ogʻrigʻini butunlay unutdi. Tuyogʻi tutashdi. Endi yugurtirsa ham boʻlardi. Uning boʻrtib chiqqan koʻkragiga koʻzi tushib, akamning quvonchiga quvonch qoʻshilardi.
— Bunday ot chopganda yuqori sakramaydn, tez charchab qolmaydi, — derdi u.

Oq Qashqa toʻrt yoshga yetganda akam uni turli poygalarda qatnashtira boshladi.

U qishlogʻimizdagi hosil bayramiga atab oʻtkazilgan poygada ilk qatnashgan kuniyoq birinchilikni oldi.

Oq Qashqa keyinchalik koʻp poygalarda gʻolib keldi. Uni koʻrib koʻpchilikning koʻzi quvnadi. U poygada faqat goliblik uchun yaratilganday edi. Ammo hech bir narsa abadiy emas ekan.

O’tgan yilgi poygada Boʻtakoʻz laqabli ot birinchi keldi... Bu yil ham oʻsha jonivor gʻoliblikni qoʻldan boy bermadi. Oq Qashqa esa oʻtgan yili uchinchi oʻrinda kelgan boʻlsa, bu yilgi poygada baxtga qarshi oxirgi oʻrinni egallasa boʻladimi.
— Toychogʻim, endi qariding. Senga dam olish uchun fursat yetdi, — dedi akam unga achinib qararkan.

... Tabiatni yashillikka burkab yana bahor keldi. Quyoshli kunlarda erigan qoʻrgʻoshinday yaltillab ariqlarda suvlar toʻlib-toshib oqdi. Dalalar chuchmoma-yu, lolaqizgʻaldoqlarga burkandi. Navroʻz butun olamga bahoriy kayfiyat ulashdi.

Mana bugui Navroʻzga atab qishlogʻimizda koʻpkari oʻtkazilmoqchi. Katta shodiyona boʻlishi kutilmoqda.

Oq Qashqa buni sezganday ertalabdan beri tinchini yoʻqotgan. Goh pishqiradi, goh kitinaydi. Ogʻilxonada oʻzini qoʻyarga joy topolmasdi.
— Eh, jonivor. Tinchlan-tinchlan. Nahot sezayotgan boʻlsang. Taqdir shundoq boʻlsa bizning qoʻlimizdan nima kelardi, — otning yolini, boʻynini siypab akam unga gapirardi. — Bugun poygaga qatnashmaganing alam qilayaptimi? Alam qilmasii. Hayot ana shunday shafqatsiz. Mayli, bugun kenglikka bor. Yugurib-yugurib oʻyna.

Akam Oq Qashqani qirga tashlab keldi. Boya ogʻilxonadan chiqayotganda otimizga sinchiklab razm soldim. Chindan ham uning qaygʻudaligi soʻniq, jovdirab chaqnayotgan koʻzlaridan sezilib turardi.

Qishlogʻimizdagi Navroʻz nishonlanayotgan keng yalanglikka men istar-istamas bordim. Maydon har doimgidan olomon bilan toʻlgan. Xalq sayli boʻlayotgan edi. Koʻngil ochar turli oʻyinlarning birortasi qalbimga oʻtirigamandi. Dilgir edim. Balki otlar poygasida ilk bor Oq Qashqani uchrataolmasligim alam qilayotgandir. Shunday boʻlsa-da poygani tomosha qilishga jazm qildim. Harchand urinmap xaloyiq ichidan akamni qidirib topolmasdim. «U bugun Navroʻz bayramiga kelmasa kerak, »— deb oʻylagandim. Ammo u keldi. Yuzida ma’yuslik alomati.

Otlar hali qoʻzgʻalmagan. Hozircha ular ham tomosha qilishga hozirlangan xalq orasida edi. Eryigitlar jonivorlarni uzoqroq borib ham, yaqinroq kelib ham tomosho qilishardi. Soʻng qaysinisi birinchi keladi — deya bahslashishga tushishardi.

Bir safga tizilgan otliqlar uchun nihoyat poyga boshlandi.

Otlar yengil qadam tashlab olgʻa intildilar. Xaloyiqning shov-shuvi kuchaydi.

Uzoqlarga olib, koʻzdan gʻoyib boʻlayotgan otlarning tuyoqlaridan koʻtarilgap chang-toʻzon bosilishga ulgurmay, juda yaqindan yana bir otning kishnagai tovushi eshitildi.

Kimdir:
— Uni qaranglar! Bu Oq Qashqa-ku, — deb qichqirib yubordi. Yuragim «shuv» etdi. Akam ham toshday qotib qolgandi. Nihoyat, es-xushini yigʻib
— Qayoqdan paydo boʻlib qoldi ekan u? Nahotki qirdan ataylab kelgan boʻlsa, — dedi. Maydonga yugurib chikib, uning yoʻlini toʻsmoqchi ham boʻldi. Ammo kech qolgan edi.

Oq Qashqa esa oʻzini yoʻqotgan kuyi terga botib, shiddat bilan otlar ketgan tomonga yoʻrtib borardi. Koʻp oʻtmay u ham koʻzdan yoʻqoldi.
— Nahot u oʻzini-oʻzi halok qilmoqchi... Endi bu yogʻi qanday boʻladi?— Akam yigʻlaguday boʻlib gapirardi.

Daqiqalarning oʻtishi juda qiyii boʻldi. Akam esa ich-etini yeb borardi.
— Ana otlar kelayapti! Otlar... !

Bu soʻzlar akam ikkovimizning qalbimizdagi yarani tirnab qonatganday boʻldi. Umidsiz qiyofada maydonga termuldik.

Bu poygada ham birinchilikni «Boʻtakoʻz» oldi. Boshqa otlar ham birin-ketin poygani tugalladilar. Faqat Oq Qashqagina koʻrinmasdi.
— Nega u kelmayapti?— Akam yuragi taka-puka boʻlib, joyida oʻtirolmay qoldi. Men ham biror noxush hodisani sezganday butun badanim boʻshashib ketdi.
— Qani yur-chi?..

Ikkimiz hozirgina ot chopgan shudgorli maydon uzra yugurib ketdik.

Zil-zambil oyoqlarim koʻpchigan tuproqqa botib, tobora oʻzimga boʻysinishi qiyinlashib borardi. Shunday boʻlsa-da, nafasim tiqila-tiqila oldinda chopib borayotgan akamdan qolmaslikka harakat qilardim.

Nihoyat uzoqdan bir narsa qorayib koʻrindi. «Nahotki Oq Qashqa..?» — Vujudim jimirlashib ketdi. Koʻzlarimga ishonmay qoldim...

... Oq Qashqa iyagini choʻzib, yerda qora terga koʻpchib sulayib yotardi. Kengaygan burun katagidan esa issiq bugʻ koʻtarilar, koʻzlari esa tobora olayib borar, nazarimizda bu koʻzlar abadiy yumilishdan oldin bizni koʻrib qolishga fursat kutayotgan edi.

Oxiri uning koʻzlari yumildi. Nafasi esa chiqmay qoldi.
— Oq Qashqa, Qashqaginam, — oʻzimni tutolmay yigʻlab yubordim.

Akamning ham koʻzlaridan tirqirab chiqqan yosh abadiy uyquga ketgan Oq Qashqa ustiga tomdi...

Keng shudgorda bir toʻda qargʻalar bizning ayanchli holatimizga beparvo yumshoq tuproqni choʻqishib, yem titqilab yurardi.