OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmar Sayfiddin
Asar nomiBaland poshnalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Umar Sayfiddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonZamira Hamidova (turk tilidan)
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Baland poshnalar (hikoya)
Umar Sayfiddin

Hatija Honim juda vaqtli tul qolgan boy bir xonimafandi edi. Oʻn uch yoshdaligida oltmish olti yoshli qariyaga tekkani uchun «erga tegish» degan narsadan nafratlangan edi. Oʻn yilga yaqindirki, erkak desa uning xayoliga romatizm, balgʻam, paxta, banka, yod yigʻimlaridan iborat kir, siquvchi, la’nati oʻylar kelar edi.
— Yoshlar boshqachadir! - deganlarga esa:
— Voy, voy! Xudo saqlasiney, ular ham bir kun qarimaydimi? Keyin ularning dardini kim chekadi, - deb hayqirar edi.

Eng asosiy mashgʻuloti tozalik bilan nomuslilik edi. Goʻztepadagi koʻshkini har kuni ertalab hizmatkori Eleni, boqindisi Gulter bilan birga tozalar, oshpazi Mehmedni har kun soch-soqolini kestirar, bechora Bolulik bolani boshdan oyogʻ oppoq kiyishga majbur qilardi. Eleni ham, Gulter ham juda nomusli edilar. Omborni qulflamas, pullari ham ochiq yerda turar edi. Ayniqsa Mehmedning nomusi haqida shubha boʻlishi mumkin emas edi. Birov bilan gaplashayotganda hech koʻziga tik qaramas edi. Hatija Honim uydan tashqariga chiqmagani uchun butun ishi hizmatkorlarini taftish qilishdan iborat edi. Toʻxtamay xonalarni aylanar, chordoqqa chiqar, oshxonaga tushardi. Derdiki:
— Menga oʻxshanglar. Men hech birov bilan koʻrishyapmanmi? Siz ham aslo qoʻshnilarning xizmatkorlari, yugurdaklari bilan gaplashmanglar. Begona kishilar insonni yoʻldan chiqaradi!

Hattoki Mehmed ham bu nasihatni qulogʻiga quyib olgan edi. Orqa hovlidagi oshxonasiga mehmon, hamshahari tugul hatto bir mushuk ham kira olmas edi. Hatija Honim balki kunda oshxonaga oʻn marta tushar, uni qozonining yonida yolgʻiz turganini koʻrar edi. Hatija Honimning tozalikga moyilligi bilan birgalikda baland poshnalarga ishqibozligi ham bor edi. Goʻzal, doʻmboqqina va nash'ali bir ayol edi. Faqat boʻyi pastroq boʻlgani uchun, uy ichida ham bir qarichga yaqin baland poshnali tufli kiyar edi. Xuddi dorbozga aylangan edi.

Bu baland poshnalari bilan zinalardan taqir-tuqir qilib bir hamlada tushar, oyog’ini qayirmasdan bir pastga bir tepaga yugurar edi. Nihoyat bir kun boshi aylana boshladi. Chaqirgan doktori unga dori bermadi.

— Honim afandi, butun rohatsizliklaringizning sababi bu baland poshnalar, - dedi, - ularni yeching. Jundan toʻqilgan, qulay, yumshoq bir shippak kiying. Koʻrmaganday boʻlib ketasiz.

Hatija Honim doktorning tavsiyasi bilan junli shippak oldirdi. Rostanam juda qulay edi. Ikki kun ichida boshining aylanishi toʻxtadi. Tizzalarida, boldirida zirqirash qolmadi. Faqat vujudi huzurga qovushgan paytda ruhi chuqur bir azobni his etdi. Toʻqqiz yil unga xizmat qilgan odamlarining ikki kun ichida birdaniga axloqlari buzilgan edi. Elenini oʻzining tish choʻtkasi bilan tishini yuvar ekan, Gulterni omborda murabboni oshalayotganini koʻrib qoldi. Mehmedni goʻsht yeyiladigan kun boʻlmasligiga qaramay bir tovoq qovurmani paqqos tushirayotgan paytida ushlab oldi.
— Bularga nima boʻldi, yo Rabbim! Nima boʻldi, bularga? - derdi.

Bir hafta ichida odamlarining on beshdan ortiq xiyonatini, qingʻirliklarini ushladi. Ayniqsa Mehmedni qoʻshni generalning uyini qoʻriqlayotgan askarlar bilan kattakon laganda palovni paqqos tushirayotganini koʻrganida jahli chiqqanidan nima qilishini bilmay qoldi. Shu kuni hamma tarafga qulf soldi.

- Mana endi ko’ramiz, nimani o’g’irlashar ekan? - dedi.

Rostdan ham oʻgʻirlanadigan hech narsa qolmagan edi. Ertasi kuni uyqudan biroz kech turdi. Pastga tushdi. Eleni bilan Gulter atrofda koʻrinmas edi. Toʻppa-toʻgʻri oshxonaga qarab yoʻl oldi. Ochiq eshikka koʻzi tushishi bilan nafasi ichiga tushdi. Mehmed oʻchogʻning boshidagi kichkina kursida yoyilib oʻtirar, bir tizzasiga Elenini, bir tizzasiga Gulterni oʻtirgʻizib olgan edi. Baquvvat qoʻllari bilan ikkalasining bellarini arqondan qilingan kamarday bogʻlab olgan edi. Hatija Honim bu manzaraning razolatini koʻrmaslik uchun darrov koʻzlarini yumdi. Faqat quloqlarining qopqogʻi boʻlmagani uchun ularning gaplarini eshitmay qolmasdi.

Mehmed: «Hey Gulter, sen koʻpdan beri shirinlik olib kelmayapsanku?», dedi.

Gülter esa: Hamma joy qulf, nima qilay?», dedi. Mehmed gʻarip bir shapillagan ovozi bilan Eleniga:
— Hey sen, kechasi nimaga kelmayapsan? Senga holva qilip saqlayapman!, - deb soʻrar, Eleni esa: Voy, qoʻlga tushamiz. Keyin Honim bizni quvadi, deb uning quchogʻida toʻlgʻonar edi. Oralarida noz-karashmali dardlashuv boshlandi.

Hatija Honim koʻzlarini ochmas, yuragi hapqirib diqqat bilan tinglardi. Gulter:
— Voh bu shippaklar!, - dedi. - Hamma ishimizni buzdi. Honimning kelgani hech eshitilmaydi. Nima qilsak qoʻlga tushyapmiz. Oldin qanday yaxshi edi. Baland poshnalarining taqir-tuqiridan uyning eng tepa qavatdagi ovozni ham eshitardik».

Suhbat uzaygan sayin koʻzi bilan koʻrolmagan boshqa razolatlarning mufassal hikoyalarini eshita boshladi. Chidayolmadi. Koʻzlarini ochdi.
— Hay senimi olchoq, oʻgʻri, nomussizlar. Qani uyimdan daf boʻlinglar», deb hayqirdi. Shu ondayoq toʻqqiz yillik sodiq xizmatchilarini kavushini toʻgʻrilab qoʻydi.

Shundan soʻng qancha oshpaz, xizmatchi olgan boʻlsa hammasi orsiz, oʻgʻri, yuzsiz, nomussiz chiqardi. Ikki yil odamga oʻxshagan bir xizmatchiga yolchimadi. Mol-mulki ziyoda, hech bir dardi boʻlmasligiga qaramay bu xizmatchi dardidan ozib, sargʻayib soʻlar edi. Qaradi, boʻlmaydiganga oʻxshaydi! Yana baland poshnali tuflilarini kiya boshladi. Xizmatchilarining oʻgʻriliklarini, nomussizliklarini koʻrolmaydigan boʻldi.

Yuziga qon yugirdi. Voqea yana boshdan takrorlanib, boshi aylana boshladi. Endi ovozi eshitilmaydigan poshnasiz shippak kiydirishini oʻylab doktorga murojaat qilmas, «hech boʻlmasa yuragim huzurli-ku», der edi.