OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Umar Sayfiddin. Choʻqmor (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmar Sayfiddin
Asar nomiChoʻqmor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Umar Sayfiddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonZamira Hamidova (turk tilidan)
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choʻqmor (hikoya)
Umar Sayfiddin

«
Karamanning[1] qoʻyini,
Soʻngra chiqar oʻyini.

Turk maqoli
»

Kichik poytaxtning qorishiq ko’chalari bugun gavjum edi. Xuddi bahordagi hayit bayramidagi kabi… Yoshi ulug’ xotinlar, keng oq yengli, kumush jiyakli bozor kiyimlarini kiyishgan, oq potur[2] shimli baquvvat erkaklarning to’la ko’zalarda taqdim etgan sharoblarini ichib jo’shar edilar. Yosh, qari, xotin va bolalardan iborat bo’lgan ohiri ko’rinmagan bir «Urra» zanjiri baqirib, chayqalib olomonning ichidan o’tar, girdob to’lqini holida aylana-aylana saroy oldida birikar edi. Cherkovlarning qo’ng’iroqlari g’uvullardi. Saroy darvozasining oldida jasur Boyarin otliqlari saf-saf bo’lib kutishardi. Ertalabdan beri ichgan sharoblarining ta’siri bilan anchagina boshi aylangan mashhur qo’mondon dubulg’asining qalqonini biroz orqaga surdi. Otining og’ir uzangilari ustida gavdasini biroz ko’tardi. Oldinga qaradi. Yonidagi birinchi zobitiga:
— Haliyam koʻrinishmadi, - dedi.
— Kech qolishdi.
— Ha..
— Ajabo, nima uchun?
— Ahmoq turklar, nima boʻlardi. Tashrif degan narsadan, marosimdan nima ham tushinishardi?
— Yana «Vizantiyaga loyiqmiz», deyishadi.
— Qayerda u noziklik?
— Qayerda?..
— …

Oldilarida birdaniga kengaygan keng “Urra” halqasi ikkalasini ham jim qildi, otlarining jilovlarini tortib biroz orqaga tisarildilar. Qoʻmondon istiqlolini qozongan xalqning bu telbanamo, sarhoʻsh sevinchiga boqar, kayf olardi. Yarim behush qizlar nash’ali yigitlarning quchoqlarida, gaydalarning[3] ohangiga sherik boʻlar, “Yashasin Shahzoda! Yashasin Shahzoda!” naqoratlarini hayqirishar, yangi hukmdorlarining sharafiga qadahlarni sindirishib oʻynarlar, sakrashardi. Soʻng Eflak[4] tojini kiygan Popni Tergovichda[5] yenggan Mehmed Bey bir yildan beri oʻzini sanjak begi[6] e’lon qilgan edi. Ammo Eflakliklar bu hokimga boʻysinmasdan Zips[7] Konti[8] Zapolyadan[9] yordam soʻragan edilar. Bu tahlikali ittifoqdan hurkkan Mehmed Bey darrov ularning xaqlarini, imtiyozlarini, istiqlollarini bergan edi. Moviy, bulutsiz ufqda yuksalgan quyoshning oydinligi qahramon Boyarin otliqlarining uzun nayzalarini yaltiratardi. Qoʻmondon zirhli koʻkragini koʻtargan totli bir hayajon bilan bir xalqiga, bir navkariga boqar, etigidagi temir taqa bilan otini turtib koʻkka sapchitardi. Birinchi zobit uning kabi gavdali, kelishgan emasdi. Qora-qura, xunuk biri edi. Uzun sochlariga qirov tushgan, koʻsa yuzi ham zaif, ham burishiq edi. Nash’ali qoʻmondon hora[10] oʻynaganlar oʻtgandan keyin yana otini oldinga surdi.
— Qonsiz bir zafar qozondik, dedi. Qora otining yolini silayotgan zobit:
— Qonsiz zafar boʻlmas!, - deb boshini chayqadi.
— Nimaga boʻlmasin?
— Chunki men turklarga ishonmayman…
— Shubhalanishga hech oʻrin yoʻq! Biz hali rasmiy inqilobga harakat qilmasimizdan ular bizga habar joʻnatdilar. “Boringlar, oʻzingizga bir bosh tayinlagnlar” dedilar. Biz zotan shahzodamizni tahtga chiqargandik. Mana endi bizga hush keladigan, koʻnglimizni koʻtaradigan harakatlar qilishyapti.
— Nishon yorligʻi, bayroq, dovul, choʻqmor yoʻllash koʻngilga hush keladigan harakatmi?
— Boʻlmasa nima?
— “Tobe’ boʻl”, degan alomatlar bular…

Jo’shqin qo’mondon ko’rinmagan bir yuzga musht uradiganday qo’lini yuqori ko’tardi. G’azabli bir shiddat bilan:

— Aslo! - deb baqirdi. Biz ortiq mustaqilmiz! Nishon yorligʻi istiqlolimizni tasdiqlaydi. Bayroq, dovul, shoʻqmor ham podshohning shahzodamizga hadyalari…
— …

Zobit javob bermadi. Qoʻmondon qadar ichmagani uchun turklarning haqiqatlarini haliyam xotirlay olardi. Qoʻlini soniga tiradi. Otining qora yolini silay boshladi. Xalqning shovqini toshib, bir boʻron kabi saroyning peshtoqlariga urilar, soqchi navkarlarning baland boʻyli otlarini hurkitib, tepindirar edi. Oʻynaganlarning ichidan oʻziga zoʻrgʻa yoʻl ochib chiqqan bir otliq qoʻmondonga salom berdi:
— Elchi yonidagilar bilan birga manzilidan chiqdi…- dedi.
— Juda yaxshi… Yonida necha kishi bor?
— Uch yuz otliq!

Qoʻmondonnig chap tarafidan navkarning gaplarini eshitgan zobit:
— Uch yuz otliqmi?, - deb birdaniga rangi oʻchdi.
— Ha…

Bugungi tashrifdan mas’ul boʻlgan qoʻmondon kuldi:
— Ha sizni turklar-ey… Chorasiz qolishganda qanchalik kamayishadi. Qani eski gʻururlari? Endi dunyo oʻzgardi. Rumelida[11] quvvatlari yoʻq. Mana endi shahzodamizga buyuk bir imperator muomalasi koʻrsatishyapti!

Birinchi zobit yana ham rangi oqarib soʻradi:
— Qayerdan angladingiz?
— Elchilarning darajasi, barobarida kelgan kishilarning soni bilan oʻlchiladi. Mana qara endi, podshohning hadyalarini, imtiyoz yorligʻini uchyuz otliq bilan bir elchi olib kelyapti!
— Elchi bularni yolgʻiz olib kelsa edi yana yaxshi boʻlardi.
— Nimaga?
— Yani aytdim qoʻydimda…
— Agar shunday qilsalardi biz ularni qabul qilmasdik.
— Nima uchun?
— Chunki sharaf-shonimizga loyiq boʻlmasdi. Bir buyruq, bir lutf-karam, bir ehson kabi…Holbuki mulozimlar bilan birga uchyuz otligʻi boʻlgan elchi nima degani bilasanmi?
— Nima degani?
— Podshoh bizning shahzodamizga: ”Men bilan ayni darajadasan” demoqchi.
— Koshki bir hil boʻlmasaydida, bu uchyuz otliq Eflakka kirmasa edi!
— Sen aqildan ozibsan Dimko….

Birinchi zobit acchiq acchiq kulimsiradi. Tuksiz yuzini burishtirdi. Xayolchan, soʻnik koʻzlarini otining yolidan oʻgirib qoʻmondoniga qaradi:
— Men aqildan ozdim demakki?, - dedi.
— Azim Eflakning ichida uchyuz otliqdan shuphalanyabsan. Bular elchining mulozimlari. Naqshli nayzalariga, bezakli kiyimlariga, jiyakli kimhob toʻnlariga, kumush egarlariga aldanma… Yaltirogʻligi bilan koʻzga tashlanadi ammo, qoʻllarindan bir ish kelmaydi.
— Bular turk emasmi?
— Turk boʻlsa nima qilibdi.?
— Qilichlari qancha bezakli boʻlsa ham yana keskindir!
— Sen qoʻrqoqsan! Bir tutam otliq, uchyuz kishi, buyuk bir davlatning ichida nima qila olardiki?
— …

Qoʻmondon saroyning oldidagi otliqlarga, ularning atrofida zich nizomda turgan yalangʻoch qilichli piyodalariga bir nazar tashladi. Soʻngra otini oʻynatib zobit tarafga burildi:
— Faqatgina shu maydonda toʻrt mingdan ortiq askarimiz bor!, - dedi. Turklar tashrifda bir qoʻpollik qilishsa hammasini “puf” deb uchirib yuboramiz.

Gaydalar tindi. Maydonning shovqini birdaniga toʻxtadi. Hora zanjirlari tarqaldi. Oʻrtadan keng bir yoʻl ochildi. Podishohning yoʻllagan elchi Turk, oq bir otning ustida, boshida yuksak sallasi chayqalib kelar, uzun toʻnining etaklari esa ikki yonida silkinardi. Orqasidan otlarini tez-tez choptirayotgan jiyak kiyimli, naqshinkor qilichli mulozimlar bu yerlik xalqqa kulimsirab qarardilar. Saroyga ellik-oltmish qadam qolganda soqchilarning mashhur qoʻmondoni otini koʻkka sapchitib oldinga intildi. Elchining oldigacha keldi. Salom berdi. Shu holatda toʻxtab turdi. Yoniga kelgan tarjimoniga:
— Bu yerda otdan tushasizlar. Shahzodamizning saroyiga piyoda borasizlar, - degizdi.

Kamtarin Turk:
— Hoʻp…- dedi.

Otidan tushdi. U keng yelkali, oʻrta boʻyli, moʻylovi pastga egilgan, qorachadan kelgan odam edi. Porloq ipak toʻnining ostidan koʻringan qoʻyiq yashil rangdagi zarbop kiyimlarining, qimmatbaho toshlar bilan bezalgan qilichining hashamati, qoʻpolgina vujudiga unchalik uygʻun emas edi. Hatti-harakatlari nozik, kibor kishini emas, sokin askarni eslatardi. Gavjum maydon uch yuz turk bilan ogʻziga qadar toʻlganday edi. Kelganlarni qarshilashdan mas’ul qoʻmondon gerdayib, tarjimonining yordami bilan yana bir taklif keltirdi:
— Mulozimlaring bu yerda qoladi. Shahzodamizning huzuriga yolgʻiz kirasan.

Turk tarjimondan soʻradi:
— Podshohimizdan olib kelgan hadyalarimni qanday qilib yolgʻiz tashiyman?

Tarjimon qoʻmondonga tushuntirdi. Olgan javobini Turkcha takrorladi:
— Yoningga uch kishi olasan. Ular ham yayov holda orqangdan podshohimizning huzurlariga hadyalarni olib kelishsin.
— Hoʻp…
— Qani boʻlmasa.

Qoʻmondon otini koʻkka sapchitib “Urra, urra!” deya oʻzini olqishlagan xalqqa boʻynini egib koʻpirardi. Bu qanday zafar edi! Mana bu yerda ulugʻ turk elchisi orqasidan yayov kelardi. Saroyning eshigiga kelganda otdan sakradi. Tarjimon vositasiyla qanday qilib orqasidan huzurga kirishlarini, qanday salom berishlarini, qanday qilib hurmat bilan turishlari kerakligini elchiga va teri qoplamali bir dovul, qizil qopga solingan bir bayroq, ogʻir bir choʻqmorni toshigan uch askarga anglatdi. Qilichini sugʻirdi. Tosh zinalardan bir hamlada yuqori chiqdi. Katta dahlizdan oʻtdi. Yangi shahzodaning mulozimlari turk elchisini koʻrish uchun eshiklarga toʻplanardilar. Elchi buyuk sallasini tebratib-tebratib qadam tashlardi. Qadamlari ham siyrak, ham ogʻir edi. Atrofida unga qaraganlarga kulimsirar, salom berardi. Yirik, qora koʻzlari juda xursand, juda porloq boqardi. Oʻng qoshini yuqori chimirib olgan, qoʻli bilan sallasini tuzatardi. Qoʻmondon toj zaliga kelganda toʻhtadi, orqaga qaytdi. Turklarning kiyimlarida tashrifga zid bir narsa bormi, deb diqqat bilan hammasiga bir-bir qarab chiqdi. Soʻngra qoʻli bilan elchining peshonasiga egilgan sallasini biroz orqaga itarib tuzatdi. Shahzodaning huzurida qanday egilajaklarini imo-ishorat bilan anglatdi. Soʻngra ikki tarafida qinsiz qilich ushlab turgan navbatchilarning yonidagi baland eshikning pardasini ochdi. Eshikdan birinchi boʻlib kirdi. Taxtda oʻtirgan shahzodaga toʻgʻri yurdi. Yergacha egilib salom berdi. Keyin orqasiga tisarilib tashqariga chiqdi. Elchi bilan uch turk oʻrtada qoldilar. Yuksak taxtning atrofiga butun Boyarin rayislari, mashhur qahramonlar, Voyvodalar[12] tizilgan edilar. Hammasi tippa-tik turardi. Ochiq panjaralardan kirgan namli nur bu ogʻir saroy sukunatiga qorishar, gavjum zalga kimsasiz ibodat yeri koʻrinishi berardi. Elchi qoʻynidan chiqargan maktubni oʻpib boshiga qoʻydi. Soʻngra yerga tikilgancha toʻgʻriga qarab yurdi. Maktubni taxtida toshlar bilan bezalgan haykalday qimirlamay oʻtirgan shahzodaga uzatdi. Shahzodaning oʻng qoʻlida oltin bir aso bor edi. Chap qoʻli bilan olgan maktubiga gʻoyat ahamiyatsiz bir narsaday mensimay qaradi. Soʻngra chap tarafida turgan, sallasiga moviy pat qadalgan yosh yordamchisiga berdi. Elchi yana koʻzlarini yerga tikkanicha orqagasiga qarab yurdi va oʻrtadagi askarining yelkasidan choʻqmorni oldi. Bu gʻoyat ogʻir, oltin bezakli, sariq sopli bir jihoz edi. Elchi takror yerga qarab yurar, kulimsirardi. Butun koʻzlar uning harakatini ta’qib qilardi. Elchi taxtning yoniga keldi. Toʻsatdan….koʻz bilan ilgʻab boʻlmas tezlikda yuqoriga koʻtargan bu qoʻrqinch choʻqmor bilan shahzodaning olmosli tojiga bir tushirdi…

…Zaldagi hech kim qimirlay olmadi. Hammasi turgan yerida toshday qotib qoldi. Hamon toʻnining ostidan buyuk bir qilich sugʻurgan elchi rumiy tilida:
— Mana koʻrdingiz a….Istiqlol savdosiga tushgan osiy jazosini yedi! - deb hayqirdi. Elchining koʻzlari olovday yonar, goʻyo boʻyi birdaniga devday uzaygan, sallasining uchi keskinlashgan, pastga osilgan moʻylovlari tikkayganday edi. Boyarin rayislari, zirhli askarlar, qahramon voyvodalar jonsiz kabi qimirlasholmas, taxtida boshi ezilgan hukmdorlariga qarab titrardilar. Elchi zalning oʻtrasidagi askarlariga qarab:
— Hasan, sen eshikka borib dovul chal! Mustafa! Sen ham rumiycha na’ra ot. Maydondagi askarlar hamon qurollarini yerga tashlab taslim boʻlsinlar, deb buyruq berdi.

Soʻngra bayroq tutgan askarga:
— Qani tezda yugir, maydonga bayroqni tik!, amrini berdi.
— Amringiz bosh ustiga…
— Amringiz bosh ustiga… - deb uchchalasi ham yugirib tashqariga chiqishdi.

Saroy xalqi qorongʻu devorlarga yopishtirilgan porloq, muhtasham zarli rasmlarday ovoz chiqarmasdan, sokin, jonsizday turardilar. Haliyam ichlaridan hech kimsa qimirlamagandi.

Mum rangi chehralarning hayron boqishlari qarshisida toʻnining uzun etaklarini yelkasiga otdi. Qilichini qiniga suqdi. Egilib ezgan boshining ustida turgan qonli choʻqmorni oldi. Yerga qoʻydi. Soʻngra taxtdagi oʻlikni yerga tushirib uning yeriga oʻtirdi. Gʻoyat aniq Rumiy tilida:
— Qani podshoh nomiga menga itoat qilinglarchi!, - dedi.

Sababi bilinmagan bir qoʻrquvning ajablanarli hayajoni bilan tillari tutilgan boʻri moʻynali boy Boyar rayislari, ulkan qilichli jasur jangovarlar, poʻlat zirhli voyvodalar , ikki daqiqa oldingi hukmdorlarining hali sovumagan jasadini ezib, bir zarba bilan Eflakni zabt etgan bu qoʻrqinch turkning qoʻlini oʻpar, yuziga qaray olmasdilar.

Saroy tashqarisidagi soqchilar ham, ichkaridagilarday dong qotib qolgan, qoʻrquvdan qimirlay olmasdilar. Qurollarini yerga tashlab, taslim boʻldilar. Faqat ikki kishining, ya’ni dovul cholgan askarga “Tashrifni buzyapsan” deb qilich koʻtargan sarhoʻsh qoʻmondon bilan, zudlik bilan qochmoqchi boʻlgan zobitning kallasi uchirildi. Faqat bu qadar…


  1. Karaman - Turkiyadagi viloyatlardan biri.
  2. Potur - Oyoq qismi tor shim.
  3. Gayda - Skandinaviyaga xos cholgʻu asbobi.
  4. Eflak - Ruminiyaning tarixiy joylaridan biri.
  5. Tergovich - Vengriyadagi shaharcha.
  6. Sanjak begi - Usmonli sulolasining soʻng paytlarida davlat tarafidan tayinlangan, bayroqlardan mas’ul boʻlgan shaxs.
  7. Zips - Vengriyadagi shahar.
  8. Konti - Gʻarbda asilzoda erkaklar uchun qoʻllanilgan isim.
  9. Zapolya - Vengriyaning bosh qoʻmondonlaridan biri.
  10. Hora - Bir qancha kishining qoʻlma-qoʻl ushlashib musiqaga hamohang shaklda oʻynaydigan Gʻarbga maxsus raqs turi.
  11. Rumeli - Vizantiya Davlatinin yerlari, ma’nosida aytilgan soʻz.
  12. Voyvoda - Usmonlilarning Eflak va Bogdan beklariga bergan ismlari.