OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Umar Sayfiddin. Forsa (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmar Sayfiddin
Asar nomiForsa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Umar Sayfiddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDavronbek Tojialiyev
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Forsa (hikoya)
Umar Sayfiddin

O'rta yer dengizining qahramonlarga makon boʻlgan soʻngsiz ufqlariga qaragan kichik bir tepa mittigina gul bogʻchasi kabi edi. Nozik, uzun shoxli bodom daraxtlarining turfa soyalari sohil tomon tushar, erta bahorning mayin shamollariga sarxush boʻlgan baliqchi qushlarning savdoyi shovqin-suroni havoda jarang sochardi. Bodomzorning yoni keng bir bogʻ edi. Oq toshlardan tiklangan qisqa devorning oʻrtasidagi xaroba vodiyga qadar tushardi. Bogʻning oʻrtasidagi buzilgan kulbaning eshiksiz kirish joyidan bir qariya chiqdi. Goʻyo bukchaygan belini toʻgʻrilagan kabi kerishdi. Soch-soqoli oppoq mo`ysafidning qoʻllari, oyoqlari titrar edi. Osmon qadar boʻsh, koʻk qadar sokin turgan dengizga uzoq boqdi.
— Xayrlidir, inshaalloh – dedi o`z-o`ziga.

Devor ostiga to`shalgan toshlarga choʻkdi. Qoʻllarini boshining orqasiga oldi. Qariyaning egnida yirtiq boʻz kiyim bor edi. Yalangʻoch oyoqlari tuproqqa qorilgan, zaif qoʻllari esa kirlangan bronza rangiga kirgan edi. U boshini koʻtardi. Koʻk bilan dengizni birlashtirgan tuman chegarasiga diqqat bilan boqdi - ammo koʻrinadigan hech narsa yoʻq edi.

Mo`ysafid har kecha uyqusida bir qancha yelkanli kemaning uni qutqarish uchun kelayotganini koʻradigan eshkakchi edi. Bir zamonlar eski bir turk kemasida eshkakchilik qilgan qariyaning qirq yillik umri asirlikda oʻtgandi. O'ttiz yoshida kuchli matros, chayir qahramon boʻlgan holida Malta qaroqchilarining qoʻliga tushgan edi. Yigirma yil ularning kemalarida eshkak eshdi. Yigirma yil ikki oyogʻi zanjirlar bilan bogʻlanib, kema ostidagi rutubatli xonada yashadi. Yigirma yilning yozlari, qishlari, shamollari, boʻronlari, quyoshlari uning po`latdek vujudini eritolmadi. Zanjirlari mogʻorlashdi, chiridi, uzildi. Yigirma yil ichida bir necha marta xalqalari, mixlarini almashtirdilar. Ammo uning chinor-da mustahkam oyoqlariga hech nima kor qilmadi. U faqatgina tahorat ololmagani uchun xafa boʻlardi. Har namoz vaqtida koʻzlarini qibla tomonga burar, besh vaqt ibodatni ishorat bilan oʻqir edi.

Ellik yoshga yetganida uni ortiq eshkak esholmaydi deb, bir orolda sotib yubordilar. Uning xojasi bir dehqon edi. Bir burda non uchun oʻn yil uning qo`lida ishladi. Tangriga shukr etardi. Chunki endi uning oyoqlaridan mixu zanjirlar olib tashlangandi. Tahorat olishga imkoni bor, qiblaga qarab namoz oʻqir, esida qolgan oyatlarini oʻqib ibodat, duo qila olardi. Butun umidi tugʻilgan yeri Edremitga yetishish, qayta ko`rish edi. O'ttiz yil ichida bir lahza ham bu umid uni tark etmadi. «O'lganimdan soʻng tirilishimga qanchalik ishonsam, ellik yil asirlikda yashasam-da bir kun Vatanimga yetishishimga shunchalik umid qilaman» derdi u.

U eng dongdor, eng mashhur turk kemachilaridan edi. Yigirma yoshidayoq Jabal al-Tariq boʻgʻozidan oʻtgan, katta dengiz flotlarini bir oʻzi kichik kemasida yenga olgan edi. U zamonlar Turk elida uning nomi tillarda doston edi. Hatto podshoh uni saroyga chaqirtirib, boshdan kechirganlarini oʻzidan eshitardi. Chunki u Hizr alayhissalom kezgan diyorlarda sayr etgan edi. Shunday dengizlarda boʻlgan ediki, unda togʻlardan baland muz parchalari suzar edi. U tomonlar umuman boshqa dunyo edi. Olti oy kunduz, olti oy kecha boʻlardi. Zavjasini ham oʻsha sirli o`lkalardan topgan edi. Kemasi oltin, kumush, inju, olmos, asirlar bilan toʻlib Vatanga qaytar ekan, dengiz oʻrtasida uylangan, oʻgʻli Turgʻut ham yo`lda - Chanoqqal'aga yetgan paytda tugʻilgan edi. O`g`li hozir qirq besh yoshga kirgan boʻlsa kerak. Ajabo, tirikmikan? Xayolini band etgan, qorlardan oppoq zavjasi hozir hayotmikan? Qirq yilki, Istanbulning minoralari, dengiz ufqi xayolidan hech ketmaydi. «Bir kemam boʻlsa, koʻzimni shart yumardim-u, Vatan tomon yoʻl olardim» deya orzu qilardi…

Oltmish yoshdan oʻtganidan keyin xojasi uni ozod qildi. Bu ozod qilish emas, uni oʻz holiga tashlab qoʻyish, koʻchaga haydash edi. Qari tutqun ushbu qarovsiz bogʻdagi xaroba kulbani topdi. Shu yerdan panoh topdi. Hech kim hech narsa demadi. Ora-sira qishloqqa tushar, qariligiga achinib berishgan sadaqalarni toʻplab, yana kulbasiga qaytardi. Ortiq kuchi qolmagan edi. Uning ishlashini endi bogʻ sohibi ham istamas edi. Qayoqqa ham borar edi?

U avval koʻrgan tushlarini endi qaytadan koʻrayotgan edi. Qirq yillik tush… Turklarning, turk kemalarining kelishi…

Koʻzlarini qaqshagan qoʻllari bilan ishqaladi. Dengizning koʻk bilan birlashgan joyiga qaradi. Ha, ular kelishadi, albatta, kelishadi. U bunga shunchalar ishonardiki…
— Qirq yil koʻrilgan tush aslo yolgʻon boʻlmas, - derdi u o`z-o`ziga. Kulba devorining ostiga oyoqlarini uzatdi. Sekin-asta koʻzlarini yumdi. Erta bahor umid uchquni kabi har yoqni nurga toʻldirardi. Baliqchi qushlarning «kelayaptilar, kelayaptilar, seni qutqarish uchun kelyaptilar» deganga oʻxshagan ovozlarini tinglab uxlab qoldi. Devor toshlarining orasidan chiqqan hasharotlar ustida kezib yurar, boʻz kiyimining ichiga o`rmalar, yumshoq, oppoq soqollari orasida oʻynashardi. Qari asir tushida katta bir turk kemasining bandargohga kirganini koʻrardi. Qishloqqa ketadigan yoʻlga bir qancha askar chiqargan edilar. Qizil bayroqni uzoqdan tanidi. Shamshirlar, qalqonlar quyosh aksida porlar edi. Biznikilar! Biznikilar! – deya baqirib uygʻondi. O'ziga keldi. Ustidagi hasharotlar tumtaraqay qochdilar. Bandargohga boqdi. Haqiqatan, qoʻrgʻonning qarshisida bir kema koʻrinardi. Yelkanlar, eshkaklarning bichimiga diqqat etdi. Rangi oqarib ketdi. Koʻzlarini ochdi. Yuragi tez ura boshladi. Qoʻllarini koʻksiga qoʻydi. Bular turk kemalari edi. Qirgʻoqqa yaqinlashayotgan edilar. Koʻzlariga ishonmadi. «Ajabo, tushimmi, oʻngimmi?» – deya taajjubga tushdi. Uygʻongandan soʻng tush koʻrilarmidi? O'zini ishontirish maqsadida qoʻllarini tishladi. Yerdan oʻtkir tosh parchasini oldi. Qoʻliga urdi. Ha, u og`riqni his qilayapti. Demakki, uygʻoq, koʻrayotgani tush emasdi. Sevinchdan, sarosimadan tizzasi jonsizlandi. O'tirib qoldi. Qirgʻoqqa chiqqan harbiy qism qoʻllarida qizil bayroqlari bilan toʻgri qoʻrgʻonga kelardilar. Qirq yillik kutishdan soʻng… u yana oʻzini qoʻlga olishga urindi. Birdan suyaklari qisirladi. Bodom daraxtlarining gulli soyalari boʻylab, qirgʻoqqa qarab yugurdi, chopdi. Qirgʻoqqa chiqqan askarlar oq soqolli qariyaning oʻzlari tomon yugurib kelayotganini koʻrgach:
— Toʻxta, - deya baqirdilar. Qariya toʻxtamadi, u ham baqirdi:
— Men turkman, oʻgillarim, turkman.
— …

Askarlar uning yaqinlashishini kutdilar. Qariya turklarning yoniga yaqinlasharkan, ilk uchraganini quchoqlab, oʻpa boshladi. Koʻzlaridan yoshlar oqar edi. Buni koʻrganlar mutaassir edilar. Biroz hayajoni bosilgandan soʻng soʻradilar:
— Qanchadan beri asirlikdasiz?
— Qirq yildan beri.
— Qayerliksiz?
— Edremitlik.
— Ismingiz nima?
— Qora Memish.
— Kapitanmidingiz?
— Ha…

Qariyaning atrofidagi askarlar bir-birlariga yaqinlashdilar. Hayqiriq yangradi: «Xoʻjayinga xabar bering! Xoʻjayinga xabar bering!..». Qariyaning qoʻllaridan tutdilar. Qush kabi dengiz qirgʻogʻiga eltib, qayiqqa oʻtqazdilar. Keyin katta kemaga olib bordilar. Askar ichida uning qahramonlik sarguzashtlarini bilmagan, u haqda eshitmagani yoʻq edi.

Qariya kema sahnida biroz turdi. Sevinchdan sarosimada, oʻzini yoʻqotgan edi. Kiyish uchun bir ishton berdilar. Eginiga koʻylak tashladilar. Boshiga dastor kiygizdilar.
— Ketdik, xoʻjayinning yoniga, - dedilar.

Uni bu yerga keltirgan askarlar bilan ulkan kemaning ortiga yurdilar. Shopmoʻylov, zarlangan kiyimi ustiga temir, poʻlat zirh kiygan bahaybat bir odamning qarshisida toʻxtadilar.
— Siz kapitan Qora Memishmisiz?
— Ha!
— Hizr alayhissalom kezgan joylardan oʻtgan sizmisiz?
— Menman.
— Rost gapiryapsizmi?
— Nega yolgʻon soʻylayin?
— Oching, oʻng qoʻlingizni koʻrayin.

Qariya koʻylagi ichidan qoʻlini chiqardi. Shimardi. Xoʻjayinga uzatdi. Mushagida xoch bichimidagi chuqur bir chandiq izi bor edi. Bu chandiqni kechalari olti oy boʻladigan bir oroldan xotini bilan qaytayotganda olgan edi. Xoʻjayin, uning qoʻllarini oʻradi. O'pa boshladi.
— Men sizning oʻglingizman, - dedi.
— Turgʻutmisan?
— Ha!

Tutqun qariya sevinchidan oʻzidan ketdi. Hushiga kelgach, oʻgʻli unga:
— Men qirgʻoqqa jang uchun chiqyapman. Siz kemada rohat oling, - dedi. Eski qahramon qabul qilmadi:
— Yoʻq. Men ham sizlar bilan jangga chiqaman.
— Judayam qarigansiz, ota.
— Ammo yuragim kuchli!
— Dam oling, ota. Bizni kuzatib turing.
— Qirq yilki, muhorabani sogʻindim…

Ogʻli otasiga tiz choʻkib, »Vatanni, sevgan insonlarni koʻrmasdan sizni takror yoʻqotmayin, otajon», deya yolvorib qoʻllarini oʻpdi.

Qariya boshini koʻtarib, koʻksini tik tutib, yana yoshligiga qaytgandek edi. Bayroqqa ishora etib:
— Shahid boʻlsam, buni ustimga yoping. Qizil bayrogʻim hilpiragan joy Vatan emasmi? – dedi.

1910

Forsa - kemada eshkakchilikka mahkum qilingan qul.