OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmar Sayfiddin
Asar nomiIlk jinoyat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Umar Sayfiddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDavronbek Tojialiyev
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ilk jinoyat (hikoya)
Umar Sayfiddin

Men gʻurbat, alam ichida yashagan odamman. Bu qiyinchiliklar oʻzimni tanigan paytimdayoq boshlangan. Oʻshanda toʻrt yoshga ham toʻlmagandim. Qilgan yomonligim tufayli vijdonim azobida - yona boshlagan soʻngsiz jahannam otashi ichida hamon qovurilaman. Meni tashvishga solgan bu hodisani hamon unutmadim. U xotiramda abadiy qaygʻu-alam boʻlib muhrlanib qolgan.

* * *

Ha, oʻshanda toʻrt yoshga ham yetmagandim. Undan avvalgi voqealarni eslolmayman. Hushimni tanibmanki, xuddi chaqmoqdek boshimga balolar kela boshlagandi. Tolstoy toʻqqiz oylik chaqaloqlik paytida uni hammomga olib kirishganini xotirlaydi. Uning ilk eslagani qandayin yoqimli! Meniki esa mudhish qaygʻu bilan boshlandi. Mening ilk xotirlagan narsam shirkat qayigʻi edi. Hamon koʻz oldimda: goʻyo endi tugi’ldim, onamning quchogʻidaman… Onam yonidagi sariq sochli yosh xonim bilan kulishib gaplashar, sigaret chekishardi. Onam sigarasini ingichka kumush idishga solib olgandi. Menga bu qutini berishini istadim.
— Ol, ammo ogʻzingga solma, - dedi.

Menga bu qutini berib, sigarasini dengizga otdi. Yoz payti edi. Nurli, quyoshli havo… Onam gaplasharkan, uzun yungli moviy yelpigʻichini tez-tez aylantirardi. Kumush qutining xalqasiga barmogʻimni tiqib, onam koʻrmagan payti uchini ogʻzimga solar, tishlar edim. Onam gaplashayotgan xonimning yopinchigʻi moviy edi… Mening kiyimim oppoq edi. Boshim ochiq. Sochlarim koʻp. Toʻzib ketgan edi. Onam sochimni tartiblarkan, boshimni yuqoriga koʻtardim. Quyosh nurlari tushib turgan chodirning chekkasida qoʻl kattaligidagi soya qimirlardi.
— Qara, qara, - dedim.

Onam ham boshini koʻtarib:
— Qush qoʻnibdi, - dedi.

Qushni tutib berishini istadim.
— Tutib boʻlmaydi, - dedi.

Men yana soʻzimda turib oldim. Onam shamsiyasi bilan bu soyaning ostiga urdi. Ammo soya qimirlamasdi. Onam yonidagi xonimga oʻgirilib:
— Qochmadi.
— Qiziq, nega qochmadi?
— Ucholmaydigan polapon boʻlsa kerak.
— …
— Qushni olib bering, - deya onamga yopishib olgan edim.

Onam yelpigʻichini tashlab, oʻrnidan turdi-da, meni qoʻltigʻimdan tutib, koʻtararkan dedi:
— Hurkitib yubormasdan tut, xoʻpmi!

Boshim soyabonning matosiga yaqinlasharkan, koʻzlarim qamashardi. Qoʻlimni uzatdim. Tutib oldim. Bu oppoq bir qush… Onam qushni qoʻlimdan olib oʻpdi, sariq sochli xonim ham oʻpdi. Men ham oʻpayapman.
— Oh, bechora polapon.
— Baliqchiqush polaponi.
— Hali ucha olmasa kerak.
— Dengizga tushib ketsa oʻlib qolardi.
— …

Boshqa xotinlar ham suhbatga aralashib, «yashab ketolmasa kerak», - derdilar. Onam esa bu oppoq qushni «oh, bechora, oh, bechora» deb siypalagandan soʻng menga berdi.
— Uyga olib borsak, balki yashab ketar, - derdi onam. – Ammo boʻgib qoʻyma uni.
— Boʻgmayman.
— Boʻlmasa avaylab ushla.

Kumush qutisidan yana sigara chiqardi. Yonidagi xotinlar yana suhbatga tushib ketishdi. Qushchamning patlari shunaqangi oppoq ediki… Patlarini silay boshladim. Qanotlarining qattiq joyi ham yaqqol sezilib turar, oyoqlari qirmizi edi. Qochish uchun hech harakat qilmas, mendan ajralmas edi. Koʻzlari yum-yumaloq. Qizil tumshugʻining chetida xuddi sariq meva poʻchogʻi kabi bir iz bor edi. Boʻynini burib orqa tomoniga qaradi. Men u paytda onamga qarayotgan edim. Onam yonidagi xonim bilan gaplashayotgan edi. Men bilan ishi yoʻq edi.

Men qushning nozik boʻynini asta qoʻlim bilan choʻza boshladim. Butun kuchim bilan uni bogʻdim. Qanotlarini ochdim. Boshqa qoʻlim bilan ularni ham tortdim. Qip-qizil oyoqlari tizzamga botar edi. Qattiq siqardim. Qushning tumshugʻi titrab, ochilib-yopilardi. Tili osilib, tashqariga chiqar edi. Yumaloq koʻzlari esa kattarib-kichiklashar, soʻng soʻnib borardi… Birdan qoʻllarimni ochdim. Oppoq qushchamning oʻligi paq etib yerga tushdi.

Onam oʻgirilib, yerdan hali sovimagan ma’sum qushchani oldi. « Oh… Oʻlibdi!..» degandan soʻng menga tik qarab:
— Nima qilding? – dedi.
— …
— Boʻgʻdingmi?
— …
— Qani gapir.
— …

Javob bermasdan ovozimni chiqarib yigʻlashga tushdim. Onamning qoʻlidagi oq qushni sariq sochli xonim olib:
— Oh, nima gunohi bor edi! – dedi.
— …
— Bechora…
— …

Boshqa xotinlar ham suhbatga aralashdilar. Qarshimizda oʻtirgan yoshi katta, semiz ayol jinoyatimni oshkor qildi:
— Boʻgʻdi. Vallohi, koʻrdim, qandayin yovuz bola…
— …

Onam sargʻayib ketgan, ovozi titrab chiqardi.

«Oh, insofsiz!» deya menga achchiq nigohini tashladi. Yana battar yigʻlay boshladim. Shu qadar yigʻladimki… Meni yigʻidan toʻxtata olmadilar. Qachon, qayerda, qanday tinganimni hozir xotirlay olmayman. Xuddi umr boʻyi yigʻlab oʻtadiganday edim.

Aqlimni tanib-tanimay bu jinoyamni qilganimga mana, oʻttiz yildan oshdi. Hozir shirkat qayiqlari sathida oʻtirarkanman, qachon baliqchiqush koʻrsam, birdan quvonchimni yoʻqotaman. Chaqaloqqa oʻxshab yigʻlagim keladi. Yuragimda ogʻriq paydo boʻlib, koʻksimni tilaveradi.

«Oh, insofsiz!» deya meni urishgan onajonimning tanbehini eshitgandek boʻlaman.