OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Umar Sayfiddin. Ont (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmar Sayfiddin
Asar nomiOnt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Umar Sayfiddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonZamira Hamidova (turk tilidan)
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ont (hikoya)
Umar Sayfiddin

Men Goʻnanda[1] tugʻildim. Yigirma yildan beri koʻrmagan bu qasabam xayolimda sarobday tuyulardi. Tugʻilgan joyimning xayoli ancha avval koʻrgan tushimday tuyulardi. Oʻsha paytlar yuzboshi[2] boʻlgan dadam bilan birga har doim yonidan oʻtgan bozor oldidagi masjidni, uning qarshisidagi kichkina, harob shodirvonni[3], ichida minglab yogʻoch boʻlaklari suzadigan daryochani, bazan yuvinishga borgan issiq suvli xammomning chuqur hovuzini eslashga harakat qilyapman. Faqat koʻp narsalarni aniq eslay olmasdim, oppoq tuman koʻz oldimga yigʻilardi. Bu tuman yodimdagi ranglarni oʻchirar, shakllarni yoʻq qilardi. Uzoq davom etgan gʻurbatdan soʻng, Vataniga qaytgan kishi tugʻilgan yerining ufqini quyuq tuman ostida topib, sevgan narsalarini uzoqdan koʻrolmagani uchun qanday mahzun boʻlayotgan boʻlsa men ham xuddi shunday qiziqishga, sabrsizlikka oʻxshash alamni his qilardim. Har oqshom sigir va qoʻtoslardan iborat podaning oʻtgan changli, toshsiz yoʻllar, yoʻsinli, qora keramitli tomlar, yiqiladiganday turgan buyuk devorlar, kichkina taxta koʻpriklaru oxiri boʻlmagan dalalar, pastak taxta devorlar, hamma hammasi afsuski doimo bu tuman ichida erib ketardi.

Faqatgina uyimiz bilan maktabimni koʻz oldimga keltira olaman.

Buyuk bir hovli…Oʻrtasida koʻshk tarzida qurilgan oppoq bir uy….Oʻng tarafida esa har doim oʻtiradigan oq pardali xonamiz…Ertalablari onam meni chaqaloq kabi derazaning chekkasiga oʻtirgʻizib darsimni takrorlattirar, sutimni ichirarardi. Bu derazadan koʻringan hovlining narigi tarafida tuproq rangidagi binoning oynasiz, romsiz bir dona derazasi bor edi. Bu qora teshik meni juda qoʻrqitardi. Ovqatlarimizni pishirgan, kirlarimizni yuvgan, otamning otiga yem bergan, ov itlariga qaragan hizmatchimiz Abil Onaning har kecha anglatgan qoʻrqinchli, bitmas-tuganmas hikoyalaridagi ayiqni qorongʻu derazada koʻrganday boʻlardim. Bu vahima bilan roʻyo tinglash, uning ta’birini aytish qiziqishida boʻlgan bechora onamga har kuni ertalab ayiqli tushlar toʻqir, yirik, quzgʻun ayiqning meni ushlab toqqa olib ketganini, oʻrmondagi iniga yashirib, qoʻllarimni bogʻlaganini, burnimni, dudoqlarimni yeganini, soʻngra Bayramich[4] yoʻlidagi suv tegirmonining charxiga otganini aytib unga bir necha marotaba “Yahshilikka boʻlsin insholloh” degizardim. Onam tushimning ta’birini aytar ekan, mening kelajakda ulugʻ kishi, buyuk bek, mashhur olim boʻlishimni, menga hech kimning yomonlik qila olmasligi aytib tasalli bergani zamon yolgʻon toʻqiganimni unutar, qanchalar sevinardim!

Qanday koʻchalardan, kim bilan ketardim? Bilmadim…Maktabimiz bir qavatli, devorlari suvalmagan edi. Eshikdan kirishda usti yopiq hovli joylashgan edi. Biroz ilgarida kichkina, daraxtsiz bir bogʻ, bogning orqasida esa hojatxona, tahorat olish uchun kattakon suv toʻldirilgan, joʻmrakli bochka turardi…

Sinfda oʻgʻil bolalar bilan qizlar aralash oʻtirishar, birgalikda oʻynashardi. “Katta muallima” deb ataganimiz oʻqituvchimiz esa qoʻllariga xina surilgan, sochi toʻkilgan, bukri, boʻyi uzun, qari va telbanamo xotin edi. Moviy koʻzlari juda keskin porlar, tumshuq kabi egri, sariq burni bilan tuki toʻkilgan xoin kalxatni eslatardi. Kichkina muallim erkak kishi boʻlib katta muallimaning oʻgʻli edi. Bolalar undan hech qoʻrqishmasdi. Ehtimol biroz telbaroq edi. Men orqadagi qatorlarda, katta muallimaning hatto eng uzun tayogʻini yetkiza olmaydigan yerda oʻtirardim. Qizlar balki sochlarimning ochiq sariq boʻlganidanmi meni doim ”Oq Bek” deb atashardi. Oʻgʻil bolalarning kattaroqlari ismimni aytishar, yoki “Yuzboshining oʻgʻli” deb chaqirishardi. Sinf eshigining ochilmagan tarafida osilgan “keldi-ketdi” lavhasi yapaloq, jonsiz yuzday bizga boqardi. Qalin devorlarning shipga yaqin tor derazalaridan kirgan soʻnik oydinlik toʻxtamasdan baqirgan, hayqirib kitob oʻqigan bolalarning hech tinmas, keskin hayqiriqlari bilan aralashib yana ham ogʻirlashar, loyqalanardi.

Maktabda faqat bir tur jazo bor edi: Kaltak...Katta nojoʻya ish qilganlar, hatto qizlar ham falaqaga yotardi. Falaqadan hamma qoʻrqar, titrardi. Kichik ayblarning jazosi esa bir-biriga oʻxshamasdi. Kichik muallimning ogʻir mushti…Katta muallimning uzun tayogʻi tekkan boshni mutlaqo shishirardi. Men hech kaltak yemagan edim. Balki menga yon bosishardi. Faqat bir marta katta muallima yolgʻon gapirganim uchun quruq suyak qoʻllari bilan chap qulogʻimni choʻzgandi. Shunangi qattiq choʻzgandiki, ertasi kun ham qip-qizil boʻlib lov-lov yonardi. Holbuki aybim yoʻq edi. Yolgʻon gapirmagandim. Hovlidagi tahorat bochkasining joʻmragi sindirilgan edi. Katta muallim bu ishni qilgan kishini qidirayotgandi. Bu ishni qilgan moviy nimchali, qizil belbogʻli, kasalmand ozgʻin bola edi. Muallimaga xabar berdim. Aybdor falaqaga yotqiziladigan edi, lekin u aybini inkor etdi. Soʻngra boshqa bir bola chiqdi. Joʻmrakni men sindirdim, uning aybi yoʻq, dedi. Yerga yotib, baqira-baqira kaltak yedi. Oʻsha payt katta muallima: “Nimaga yolgʻon gapirib, bu bechoraga boʻxton qilyapsan?” deb qulogʻimga yopishdi. Yuzini burishtirib menga achchiq qildi. Rosa yigʻladim. Chunki yolgʻon gapirmayotgandim. Ha, joʻmragni sindirayotganini oʻz koʻzim bilan koʻrgandim. Kechki payt dars tugagandan keyin kaltak yegan bolani toʻxtatdim va unga:
— Nima uchun meni yolgʻonchiga chiqarding, - dedim, - joʻmrakni sen sindirmading-ku?
— Men sindirdim…
— Yoʻq sen sindirmading. Narigi bolaning sindirganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim.

U oyoq tirab olmadi. Yuzimga qaradi, biroz shunday tikilib turdi. Agar muallimaga aytmaslikga ont ichsam, sirini aytadigan boʻldi. Men darrov ont ichdim, chunki buning sababini oʻrganishga qiziqayotgandim:
— Joʻmrakni Ali sindirgan edi, - dedi, - men ham bilaman. Ammo u zaif, ham kasal. Sen ham koʻrding, falaqaga chidayolmasdi. Balki oʻlib qolardi, yotoqdan endi turdi oʻzi.
— Ammo sen nima uchun uning oʻrniga kaltak yeding?
— Nimaga boʻlsin. Biz u bilan ont ichganmiz. U bugun kasal, men yaxshiman, quvvatim bor. Uning yeriga kaltak yeyish bilan uni oʻlimdan qutqardim.

Aytganlarini unchalik tushunmaganligim uchun takror soʻradim:
— Ont nima?
— Bilmaysanmi?
— Bilmayman!

U “men bilmayman” deyishim bilan kuldi, mendan uzoqlashar ekan javob berdi:
— Bir-birimizning qonlarimizni ichamiz. Ana unga “Ont ichish” deydilar. Ont ichganlar qondosh aka-uka boʻladi. Bir-birlariga oʻlguncha yordam beradi, har tahlikada yoniga chopadi.

Soʻngra diqqat qildim, maktabda bir qancha bola bir-biri bilan ont ichib qondosh aka-uka boʻlishgan ekan. Hatto ba’zi qizlar ham oralarida ont ichishibdi. Bir kuni yangi oʻrgangan odatimni qanday qilishlarini koʻzim bilan koʻrdim. Yana orqa qatorlarda oʻtirgandim. Kichik muallim tahorat olish uchun tashqariga chiqqandi. Katta muallima esa bizga orqasini oʻgirib, shilliqqurt misoli sekin-sekin namoz oʻqirdi. Ikkita bola taxta sopli bir pichoq bilan qoʻllarini chizishdi. Chiqqan qizil tomchi qonlarni qoʻllariga chizgan chiziqning ustida surtib aralashtirdilar. Soʻngra bir-birlarining qoʻllarini shimdilar.

Ont ichib qondosh aka-uka boʻlmoq…Bu fikr meni oʻylantira boshladi. Agar mening ham qondoshim boʻlsa, muallimaga qulogʻimdan torttirmas, ehtimol falaqaga yotadigan paytim meni qutqarardi. Kattakon maktabning ichida oʻzimni yolgʻiz, oʻrtoqsiz, himoyasiz his qilardim, onamga fikrimni har bola kabi ont ichmoqchi ekanligimni aytdim. Ontning nima ekanligini ta’rif etdim. Rozi boʻlmadi. Onam: “Unaqa munosib boʻlmagan ishlarni xohlamayman. Aslo qilma bu ishni haa…” deb koyidi. Lekin men uni tinglamadim. Ont ichishga ahd qilgandim. Faqat kim bilan? Bir tasodif, kutilmagan voqea menga qon qardoshimni belgiladi. Juma kunlari hovlidagi qoʻshni bolalar toʻplanishardi. Kechga qadar birga oʻynardik. Orqamizdagi uylarning egasi Hoji Budaklarning men bilan tengqur oʻgʻillari bor edi, eng koʻp uning ismi menga yoqardi: Mistiq…Bu soʻzni aytar ekanman rosa lazzat olar, ismini doimo takrorlardim. Shunchalar ohangli va jarangdor ediki... Qizlar bu goʻzal ismga toʻqigan qofiyalarni Mistiqni bogʻda, koʻchada koʻrishlari bilan birvarakayiga aytishar edi, haliyam esimda:

Mustafo Mistiq

Arobaya qistik,

Uch mum yoqtik,

Sayriga boqtik!,

deya baqirishar, qoʻllarini musht qilib unga qarshi turar edilar. Lekin Mistiq hech jahl qilmasdi, aksiga kulardi. Biz ham uni koʻrishimiz bilan bu she’rni baqirib aytar, maza qilardik.

Bu mittigina she’r xayolimga ham ta’sir etgandi. Tushimda koʻpgina orsiz qizlarning Mustafani buyuk muhojir mashinasida siqishtirib olib, atrofida uchta mum yoqqandan keyin uni tomosha qilishganini koʻrdim. Nima uchun Mistiq shunchalik odobli oʻtirardi. Nimaga birdan sakrab qizlarni kaltaklamas, siqilib oʻtirgan qatron hidli mashinadan qochmasdi. Chunki u hammamizdan quvvatli edi. Xuddi ismiday har tarafi yumaloq edi: boshi, bilaklari, oyoqlari, vujudi…Hatto qoʻllari…Butun bolalarni kurashda yengardi. Yozda har juma kuni ertalab bir quchoq tol shoxi olib kelardi. Bu shoxlardan oʻzimizga ot yasar, chavgon oʻynab musobaqa qilardik. Mustafo musobaqada ham hammamizni yengardi. Uni hech birimiz tutolmasdik. Yana bir juma kuni Mistiq tol shoxlari bilan keldi. Men eng uzunini oʻzimga ayirdim. Qolganlarini bolalarga tarqatdim. Bir pichoq bilan shoxlarning uchlarini kesar, qobiqlaridan ikki quloq, bir burun chiqarar, xuddi otga oʻxshatardik. Bu ishni eng yaxshi men bajarardim.

Oʻz otimni yasarkanman, Mistiq bilan boshqa bolalar navbat kutishardi. Qanday boʻlganini sezmay qoldim, tolning qobigʻi birdan yorildi. Orqasidan sirgʻalgan pichoq chap qoʻlimning koʻrsatkich barmogʻini kesti. Birdan suvli, qizil qon oqa boshladi. Shu payt kallamga bir fikr keldi: Ont ichmoq…Barmogʻimning achishini unutdim. Mistiqqa:
— Qani, nima boʻlsa ham barmogʻim tayyor kesildi. Qondosh aka-uka tutinaylik. Sen ham kes…

Mustafo ikkilandi. Qora koʻzlarini yerga qadab buyuk, yumaloq boshini chayqadi:
— Bunaqasi boʻlmaydi….Ont ichish uchun qoʻl kesish lozim…
— Nima zarari bor, deb uni majbur qildim, qon emasmi? Hammasi bir. Xoh qoʻldan, xoh barmoqdan…Qani tezroq boʻl…

U rozi boʻldi. Qoʻlimdan olgan pichoq bilan oʻz qoʻlini ancha chuqur qilib kesdi. Qoni shunchalar quyuq ediki, oqmas, bir tomchi shaklida qavarib, yiriklashardi. Barmogʻimning qoni bilan aralashtirdik. Avvalo men shimdim. Qon tuzli, issiq narsa edi. Soʻngra u mening barmogʻimni shimdi.

Bilmadim, oradan qancha vaqt oʻtdi. Balki olti oy…Balki bir yil…Mistiq bilan qondosh boʻlganimizni deyarli unutgandim. U bilan yana oʻynar, maktabdan uyga birga qaytardik. Bir kuni havo juda issiq edi. Katta muallima bizni yarim kundan keyin ozod qildi. Xuddi payshanba kuni kabi… Mistiq bilan koʻchaning changlari ichida sekin-asta yurardik. Men fesimning[5] ichiga roʻmolchamni qoʻygandim….Terimni artmaganim uchun yuzim jiqqa hoʻl edi. Katta yoʻldan oʻtayotgandik. Burchakda yiqilgan devorning qoldiqlari bor edi. Birdaniga qarshimizdan yirik, qora it chiqdi. U bizga qarab yugurib kelardi. Orqadan koʻringan bir necha odam qoʻllarida qalin tayoqlar bilan itni quvalashardi. Bizga: “Qochinglar, qochinglar, tishlaydi!”, deb baqirishdi. Qoʻrqib ketganimizdan nima qilishimizni bilolmay joyimizda qotib qoldik. Men biroz oʻzimga kelib: “Voydod, qochaylik…” dedim. Koʻzlari olovday yongan it bizga yetib olgandi. Xuddi shu payt Mistiq: “Sen mening orqamga yashirin!”, deb hayqirdi, oʻzi esa oldimga oʻtdi. It uning ustiga tashlandi. Dastlab tezlik bilan bir-birlariga urilishdi. Soʻngra xuddi kurashayotganday tikkama-tikka kelishdi. It ham orqa oyogʻida tikka turardi.

Biroz shunday kurashgandan soʻng ikkalasi ham yerga yumaladi. Mistiqning kichkina fesi, moviy roʻmolchasi yerga tushdi. Bu jang menga juda uzun tuyuldi. Titrardim. Tayoqli amakilar yetib kelishdi. Itga qoʻllaridagi tayoqning bor kuchi bilan bir necha marotaba urishdi. Mistiq itdan qutildi. Bechoraning qoʻllaridan, burnidan qon oqardi. It dumini chotiga qisib ogʻzi yerda xalloslab qochdi. Mistiq esa: “Hech narsa boʻlgani yoʻq… Achimayapti… Birozgina chizildi…” derdi. Uni, uyiga olib ketdilar. Men ham darrov uyimizga qarab chopdim. Onamga boshimga kelganlarni aytib berdim. Abil Ona meni darrov yerga yotqizib uzoq muddat qovugʻimga, “qoʻrquv” tomirlarimga bosdi. Shunday duo oʻqib yuzimga puhladiki sarimsoq hididan aksirib yubordim.

Ertasi kuni Mistiq maktabga kelmadi. Uning ertasi kuni yana kelmadi….Onamga Hoji Budaklarning uyiga borib Mistiqni koʻraylik, dedim. “Kasal ekan bolam, insholloh tuzalgandan keyin yana birga oʻynaysizlar, hozir ularni bezovta qilsak uyat boʻladi”, dedi. Undan keyin men har kuni ertalab Mistiqni tuzalgan holda koʻraman, degan umid bilan maktabga borardim. Faqat hayhot…. U hech kelmadi…It quturgan ekan. Qaratish uchun Mistiqni Bandirmaga[6] olib ketishibdi. U yerdan Istambulga joʻnatar emishlar.

Nihoyat bir kuni eshitdikki, Mistiq oʻlibdi….

Saharlab turganimda ochiq, bulutsiz havolar hammada boʻlgani kabi menga ham bolaligimni eslatadi. Yodimda azaliy va safsar tongning qizgʻish mamlakatiday qolgan tugʻilgan joylarimni, koʻz oldiga keltirgim keladi. Doimo farqiga bormasdan chap qoʻlimning koʻrsatgich barmogʻiga qarayman. Birinchi boʻgʻimning ustida haliyam oq chiziq shaklida turgan bu kichkina yara izi men uchun juda muqaddasdir. Onti uchun oʻlgan, hayotini mahv etgan qahramon qon-qardoshimning issiq lablarini takror barmogʻimning uchida his qilar, meni qutqarish uchun oʻzidan katta quturgan choʻpon iti bilan kurashgan arslon va bahodirning hayolini koʻrganday boʻlaman.

Oʻz qavmimizdan, durust Turklikdan uzoqlashgan paytimiz, battar chirigan chuqurlarga yumalagan qorongʻu jarlikning, bu axloqsiz va buzuqilik, vafosizlik, faqatgina oʻz dardini oʻylashlik, pastkashlik, miskinlik jahannamining eng tubida ma’yus va shartlangan, toʻlgʻonarkan sof va nurdan paydo boʻlgan moziy, yoʻqolgan bir jannatning haqiqatdan uzoq bir sarobi shaklida qarshimda ochilar, meni ovutib baxtli qilardi. Soatlab Mistiqning hotirasi bilan bu muhtaram va joʻmard motamning eskirib unutilgani sayin yana ham ziyoda qiymati ortgan totli va mahzun achinishi bilan lazzatlanaman…


  1. Goʻnan - Turkiyadagi Balikesir viloyatining nohiyalarindan biri.
  2. Yuzboshi - Leytenant
  3. Shodirvon - Masjidlarda tahorat olinadigan, atrofidagi joʻmraklardan su oqadigan usti ochiq, kichik hovuz.
  4. Bayramich - Umar Sayfuddin yashagan joydagi yoʻlning nomi.
  5. Fesim - Qizil duxobadan tikilgan, tepasida popuklari boʻlgan, silindr shaklidagi shapka.
  6. Bandirma - Turkiyadagi Balikesir viloyatinig nohiyasi.