OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmar Sayfiddin
Asar nomiQashlagich (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Umar Sayfiddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonLola Aminova (Turkchadan)
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qashlagich (hikoya)
Umar Sayfiddin

Ogʻil yonida oʻynaganimizda, pastda, kumush rang tolning tagida koʻrinmay oqayotgan soyning mahzun shildirashini eshitib turardik. Uyimiz ichki hovlining ulkan kashtan daraxtlari ortida koʻrinmay ketardi. Onam Istambulga ketganlari uchun mendan bir yosh kichik ukam Hasan bilan ikkimiz Dadaruhning yonidan ketmas edik. Dadaruh dadamning otboqari, qari kishi edi. Otlarni yaxshi koʻrganimiz uchun saharda uygʻonishimiz bilanoq ogʻilga chopardik. Dadaruhning yonida boʻlib, otlarni sugʻorib kelish, ularni minish zavq bagʻishlardi. Hasan boʻlsa qoʻrqar, yolgʻiz minolmasdi. Dadaruh otga minib uni oldiga oʻtqazib olardi. Xaltalarga arpa solish, yem toʻrvalarni oʻtga toʻldirish, ogʻilni tozalash, goʻng tashish — eng qiziq oʻyindan ham ortiq, bizning jonu dilimiz edi. Otlarni qashlashni aytmaysizmi? Eng zavqlisi shu edi! Dadaruh qoʻliga qashlagʻichni olib, soat tovushiday qitirlata boshlashi bilan, tamom, joyimda turolmas, «Men ham qashlay» deb holi joniga qoʻymasdim. Shunda Dadaruh meni Toʻsin ismli otga mindirib, qoʻlimga qashlagʻichni berar va «Qani qashla!» derdi.

Bu temir asbobni yilqining terisiga qirtishlagan boʻlardim, biroq oʻshanday qitirlagan tovushni maromiga yetkazib chiqarolmasdim.
— Quyrugʻini likillatyaptimi?
— Ha likillatyapti.
— Qani bir koʻray...

Boʻy choʻzib qarasam ham otning sagʻrisidan dumi koʻrinmasdi. Har kuni ertalab ogʻilga kelishim bilan «Dadaruh, men qashlay», deb yalinardim.
— Yoʻq, uddalay olmaysan.
— Nima uchun?
— Hali yoshsan, shuning uchun!
— Eplay olaman!
— Katta boʻlgin, keyin...
— E, qachon!
— Boʻying otga yetganida!

* * *

Ogʻil yumushlaridan faqat otni qashlashni eplolmasdim. Boʻyim otning qorniga ham yetmasdi-da! Holbuki, eng zavqli, eng zoʻr narsa shu edi. Qashlagʻichdan chiqayotgan qitirlagan tovush Toʻsinga yoqayotganday quloqlarini qimirlatar, dumini shokiladay likillatardi. Qashlashni tugatay deb qolganda esa goʻyo, jahli chiqar, oʻshanday paytda Dadaruh «xoʻyt» deb sagʻrisiga yengil tarsaki tushirardi va boshqa otni qashlay boshlardi.

Bir kuni uyda yolgʻiz qoldim. Hasan bilan Dadaruh soy yoqasiga tushib ketishgan. Otni qashlash istagi hech tinchlik bermasdi menga. Qashlagʻichni qidirib topolmadim. Ogʻil burchagida Dadaruhning darchasiz kulbasi boʻlardi. Kulbaga kirib tokchani titkilay boshladim. Egarlarning orasini ham qaradim. Yoʻq. Hech qayerda yoʻq. Yotogʻining tagida yashil taxtali sandiq turgan ekan. Uni ham ochdim. Nihoyat... Sevinchdan hayqirayozdim. Onamning bir hafta burun Istanbuldan yuborgan sovgʻalari orasida fakfon qashlagʻichi yal-yal yonib turardi. Qashlagʻichni oldimu Toʻsinning yoniga yugurdim va qorniga ishqay bshladim. Toʻsin negadir toqatsizlana boshladi. «Ogʻriyapti chogʻi» deb oʻyladim. Kumushday tovlanayotgan bu chiroyli qashlagʻichning tishlariga uzoq tikildim. Koʻrinishdan juda oʻtkir. Tishlarini biroz oʻtmas qilish maqsadida devor toshiga ishqalay boshladim. Tishlari oʻtmas boʻlib qolganidan soʻng qashlagʻichni yana sinab koʻrmoqchi boʻldim. Baribir, otlar tinch turolmay bezovta boʻlardi. Tutoqib ketdim. Alamimni qashlagʻichdan olmoqchi boʻlib, nariroqdagi buloq ogʻziga yugurdim. Qashlagʻichni yaloq toshga qoʻydimu yerdan tosh olib, ura boshladim. Istanbuldan yuborilgan, aftidan, Dadaruh ishlatishga koʻzi qiymay, asrab yurgan bu chiroyli qashlagʻichni ezib, yaloqning ichiga tashlab yubordim.

Ertalablari otam tashqariga chiqqanida ogʻilga kirib u yer-bu yerni koʻzdan kechirardi. Men ogʻilda yolgʻiz edim. Hasan esa uyda, xizmatchimizning yonida edi. Otam buloqni tomosha qilayotib yaloq ichidagi singan qashlagʻichni koʻrib qoldi va Dadaruhga qarab baqirdi.
— Buyoqqa kel!

Nafasim tiqilib, qoʻrqib ketdim.

Otam singan qashlagʻichni ilkiga tutib, buni kim qildi, deya Dadaruhdan soʻradi. Dadaruh taajjublanib:
— Bilmadim, — deb javob qildi.

Otamning koʻzi menga tushishi bilan, hali soʻrab ulgurmagan ham edi men:
— Hasan, — dedim.
— Hasanmi?
— Ha, kecha Dadaruh uxlayotganda xonasiga kirib, sandigʻidan qashlagʻichni oldi-da, yaloqning toshida ezdi.
— Nega Dadaruhni chaqirmading?
— Uxlayotgan edi.
— Qani, Hasanni chaqir!

Ichki hovlining eshigidan kirib, ixcham yoʻlkadan uy tomon chopdim, Hasanni chaqirdim. Hech gapdan xabari yoʻq Hasan orqamdan yugurib keldi.

Dadam qattiqqoʻl edilar, jahl bilan qarasalar yuragimiz yorilayozardi. Hasanga qarab:
— Yolgʻon gapirsang, tayoq yeysan! — dedilar.
— Yolgʻon gapirmayman.
— Yaxshi, qashlagʻichni nega sindirding?

Hasan Dadaruhning qoʻlidagi uskunaga hayron boʻlib qaradi. Keyin mallarang sochini oʻynatib:
— Men sindirganim yoʻq, — dedi.
— Yolgʻon gapirma deyapman.
— Yoʻq, men sindirmadim.

Dadam yana takrorladi.
— Toʻgʻrisini aytsang, urishmayman, yolgʻon gapirish yomon odat.

Hasan oʻjarlik qilib, yoʻq deb turib oldi. Dadamning gʻazabi qaynab, Hasan tomon shaylanib bordi-da, uyatsiz, yolgʻonchi, deb tarsaki tortib yubordi. — «Buni koʻzimdan daf qil, bu yerga yoʻlamasin, faqat Parvin bilan oʻtirsin», deya oʻshqirdi.

Dadaruh yigʻlayotgan ukamni bagʻriga bosib, ichkariga olib ketdi.

Oʻshandan buyon ogʻilda yolgʻiz oʻynaydigan boʻldim. Hasan esa uydan chiqmaslikka mahkum qilingandi. Onam Istanbuldan qaytganlaridan keyin ham dadam Hasanni kechirmadilar. Unga koʻzlari tushsa, yolgʻonchi, deb qoʻyardilar. Hasan yegan tarsakisini eslab yigʻlab yuborar, keyin oʻzini zoʻrgʻa bosib olardi. Bechora onam mening tuhmat qilganimni xayoliga ham keltirmas va «axmoq Dadaruh qashlagʻichni otlarning tagida ezdirgan boʻlmasin tagʻin?», deb qoʻyardi.

Kelasi yili yozda onam yana Istanbulga ketdilar. Biz yana yolgʻiz qoldik. Hasanning ogʻilga borishi hanuz man etilgandi. Kechalari yotganimizda otlarning ahvolini, toylarning katta boʻlgan, boʻlmaganini mendan soʻrab turardi. Bir kuni Hasan dabdurustdan kasal boʻlib qoldi. Doktor olib kelish uchun shaharchaga odam joʻnatildi. Doktor ukamni tekshirib, yuqumli kasalga chalinganini aytdi. Buni eshitgan fermadagi xotinlar uyimizga kelib, bir nechta parrandaning boshini olib, ukamning boʻyniga bogʻlab qoʻyishdi. Aytishlaricha, bunday eskicha irimni qilsa, tuzalib ketarmish.

Dadam ukamning yonidan sira ketolmadilar. Dadaruh ham gʻamgin boʻlib qoldi. Parvin esa hoʻng-hoʻng yigʻlagani-yigʻlagan.
— Nega yigʻlayapsiz? — deb soʻradim.
— Ukang kasal-ku...
— Tuzalib ketadi.
— Tuzalmaydi.
— Tuzalmasa nima boʻladi?
— Ukang oʻladi.
— Oʻladimi?

* * *

Men ham yigʻlay boshladim. Ukam kasal boʻlganidan beri meni Parvinning xonasiga koʻchirishdi. Oʻsha kecha hech uxlolmay chiqdim. Xayolga choʻmishim bilan Hasan koʻz oʻngimda «Tuhmatchi! Tuhmatchi!», deya yigʻlayotganday boʻlaverardi.

Parvinni uygʻotdim.
— Hasanning yoniga boraman, — dedim.
— Nega?
— Dadamga aytadigan gapim bor.
— Nima gaping bor?
— Qashlagʻichni men sindirgan edim, shuni aytmoqchiman.
— Qaysi qashlagʻichni?
— Oʻtgan yilgi. Hasanga toʻnkagan edim...

Soʻzimni tugataolmadim. Ichimdan kelayotgan tugʻyonlar nafasimni boʻgʻib qoʻydi. Yigʻlay-yigʻlay boʻlgan voqeani Parvinga gapirib berdim. Hozir buni dadamga aytsam, Hasan ham eshitib, balki meni kechirar?
— Ertaga aytasan,— dedi Parvin.
—Yoʻq, hozir boraman.
— Hozir dadang uxlayapti, ertaga ertalab aytasan. Hasan ham uyquda. Ertaga uni quchoqlab, oʻpib, kechirim soʻrasang,kechiradi.
— Xoʻp, yaxshi.
— Qani endi, uxla!

Tonggacha koʻzimga uyqu kelmadi. Tong oqara boshlaganida Parvinni uygʻotdim. Oʻrnimizdan turdik. Ichimni qiynayotgan azobdan boʻshalish uchun shoshib borardim... Lekin, ming afsus, bu kecha bechora, gunohsiz ukamning joni uzilgan ekan.

Ayvonda qishloqning imomi bilan Dadaruh koʻzda yosh bilan, dadamning tashqariga chiqishini kutib turardilar.