OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmar Sayfiddin
Asar nomiQizil durli koʻylak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Umar Sayfiddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDavronbek Tojialiyev
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qizil durli koʻylak (hikoya)
Umar Sayfiddin

Katta gumbazli devonxona binosi har kungidan sokin, har kungidan salqin edi. Derazalardan kirgan bahorning moviy nurlari koshinlarning yashillikka burkangan teranligida singib, koʻzni olardi. Charchoqdan holsizlanib, ipak toʻshaklarga tiz choʻkkan vazirlar ostlariga solingan gilamning rangin naqshu nigorlariga qarashar, uzun oppoq soqolini zaif qoʻli bilan tutgan qari vaziri a’zamning nursiz koʻzlari esa uzoq va qorongʻu oʻtmish qatiga sayr qilgan kabi bir nuqtaga qadalgan edi.
— Yurakli bir odam kerak, poshsholar – dedi vaziri a’zam. – Biz uning oltinu kumushlarga burkangan elchisiga hukmdorimizning qoʻlini oʻptirmadik. Faqatgina tizzasini oʻpishiga izn berdik. Ularning ham bizga qarshi chora qoʻllashi aniq.
— Shubhasiz.
— Hech shubhasiz.
— Albatta.

Hissiyotga berilgan vazirlarning hayajonlanganini koʻrgan bosh vazir fikrini ochiq soʻzladi:
— U yoqqa bizdan elchi boʻlib boradigan odam judayam dovyurak boʻlishi kerak! Shunday odam boʻlsinki, oʻlimdan qoʻrqmasin. Davlatning sha’niga qarshi qaratilgan har qanday harakatni bartaraf etsin. Oʻlim qoʻrquvi gʻolib kelib, bosh egib qolmasin.
— Albatta!
— Haq gapni aytdingiz!
— Judayam toʻgʻri…

Vaziri a’zam soqolini silab, qoʻlini tizzasiga qoʻydi. Boshini koʻtarib, kulohi yunglari hurpayib qolgan vazirlarga alohida-alohida qarab:
— Xullasi kalom… Menga shunday sheryurak odamni toping, - dedi. – Aslzodalardan, saroy va devon ahlidan bunday jasur odamni eslolmayapman. Sizlar qidirib koʻringlar…
— …
— …
— …

Taqvodor, sulhparvar va indamas podshohning devoni oʻsha qoʻrqmas odamni qidira boshladi.

Bu elchi «yovuz» laqabli, har ish, har jinoyatni shu ondayoq shafqatsiz jazolaydigan Ismoil Safaviyga joʻnatilishi lozim edi. Safaviydan farqli oʻlaroq, shahzodalik paytidayoq chavandozlik, kamon va qurol ishlatishdan koʻra, ilmni, kitoblarni ustun koʻrgan Boyazid judayam muloyim edi. Faqatgina she’r, ilm va tasavvufni sevar, urush, muhorabalardan nafratlanardi. Vazirlar esa sevikli podshohlarining rohatini buzmaslikni eng buyuk vazifa deb bilardilar… Shu bilan birga chegaralardagi kurash va janjallarning oldi olinmayotgandi. Bosniya, Eflak, Karaman, Belgrad, Transilvaniya, Xorvatiya yurishlari qolib ketgan, Modon, Koron, Zonkiyo, Santamarvo qoʻldan ketgan edi. Boyazid xuddi Istanbul fotihining jasorati bilan endigina taxtga kelib, otasining haykalini «soyasi yerga tushadi» deb buzib tashlagan kabi yashar edi. Endi rohatdaman deganda yangi dard chiqardi. Qon, otash ichida qovurilardi.

Shoh Ismoil magʻlubiyatga uchragan oqqoʻyinlilar sulolasi ustiga saltanat qurgan edi. Bosib olgan joylarida bir niholni ham qoldirmagan, otasi bilan bobosi Junaydning oʻchini olish uchun hamma yozuvsizlikdan toymaydigan bu dargʻazab shoh aql bovar qilmas zulm otiga mingan edi. Oʻzbek xoni Shayboniyxonni yenggandan soʻng, uning boshidan qadah yasab, sharob ichgan bu shafqatsiz shoh dunyoda tengi topilmaydigan kallakesarlardan edi. Boyazid devonining taqvodor, kamgap, yuvosh vazirlari shoh Ismoilning bu kirdikorlarini xalifaga yetkazmasdilar. Bu kallakesar bir kun albatta shu yerlarga ham bostirib kelish, butun Sharq xalqlarini boʻysundirishga harakat boshlagandi. Buni hamma bilar edi.

U oʻtgan yili Zulqodiriya hukmdori Alouddavlaning qiziga sovchi joʻnatgan edi. Alouddavla qizini bermadi, bu Ismoilning izzat-nafsiga tegdi. Oʻch olish uchun podshohning tuprogʻiga hujum boshladi. Mudofaasiz Zulqodiriya yerlariga kirdi. Diyorbakir, Harput shaharlarini egalladi. Toqqa qochib ulgurgan Alouddavlaning oʻgʻli bilan ikki nabirasi unga asir tushdilar. Shoh Ismoil bu bechoralarni oʻtda yoqib, kabob qildirdi. Goʻshtlarini qoʻzi qoʻshti kabi yedi. Bunday vahshiyona ish Sharqda hali kuzatilmagan edi.

Urush istamagan Boyazid Anqaradagi Yahyo poshsho boʻlinmasiga askar joʻnatishdan boshqa ish qilmadi. Ismoil kallakesar boʻlishi bilan bir qatorda judayam ayyor kishi edi. Usmonli tuprogʻiga kirgani uchun uzr soʻrab, qayta-qayta elchilarini joʻnatardi. Oʻsha paytda Trabzon voliysi boʻlgan Shahzoda Yovuz Tabriz chegarasidan oʻtib, Boyburt, Erzinjonga qadar bosib olgan, hatto shohning akasi Ibrohimni ham asir olgandi. Ismoilning elchisi Usmonli davlatiga hujumini Alouddavlaning ta’zirini berib qoʻyish maqsadi bilan niqoblardi.

Devonxonada esa bu ayyor, kallakesar va vahshiy shohga qarshi tik boqa oladigan elchi topilmasdi. Chunki oʻzini Usmonli hoqoni bilan teng bilgan, hatto butun Sharqda hukmronlik qilishni istagan bu yovuz shoh uning huzuriga borgan odamga tarbiyasizlik bilan muomala qilar, bunga qarshi boʻlganlarni qoziqqa oʻtkazar, terisini shilar, aql bovar qilmas qiynoq bilan oʻldirardi.

Vaziri a’zamning oʻng tomonidagi vazirlardan biri bosh kiyimining yunglarini silar ekan, chapga oʻgirilib:
— Men bu elchilikka munosib odamni bilaman – dedi. – Otasi mening doʻstim edi. Ammo davlat xizmatini qabul etmaydiganlardan.
— Kim ekan u?
— Muhsin Chalabiy.

Vaziri a’zam bu odamni tanimas edi.
— Shu yerda yashaydimi?
— Ha.
— Nima ish qiladi?
— Ozroq davlati bor. Vaqtini ilm olish bilan oʻtkazadi. Siz tanimaysiz, afandim. Kattalar bilan muomala qilmaydi. Mavqe-mansabga qiziqmaydi.
— Nega?
— Bilmayman. Balki buni manfaatsiz deb bilar…
— Qiziq…
— Ammo judayam dovyurak odam. Haqiqatga tik qaraydiganlardan. Oʻlimdan qoʻrqmaydi. Koʻp yillar urushda qatnashgan. Yuzida qilich yaralari bor.
— Bizga elchi boʻlmasmikan?
— Bilmadim.
— Bir oʻzi bilan koʻrishsak.
— Qaydam, chaqirsangiz kelarmikan?
— Nega kelmaydi?
— Kelmasa kerak. Aytdim-ku, dunyoga ragʻbati yoʻq. Shoh bilan gado uning uchun bir.
— Mamlakatini sevmaydimi?
— Sevadi deb oʻylayman.
— U holda biz ham oʻzimiz uchun emas, mamlakat xizmati uchun uni chaqiramiz.
— Bir sinab koʻramiz, afandim.

Vaziri a’zam kechqurun yordamchisini Muhsin Chalabiyning Uskudardagi uyiga joʻnatdi. Mamlakat, xalq uchun amalga oshiriladigan bir ish haqida gaplashmoq uchun ertaga albatta kelishi kerakligini yozib yubordi.

Bomdod namozidan soʻng qabulxonada kotib qoldirgan qogʻozlarni oʻqib oʻtirgan vaziri a’zamga Muhsin Chalabiyning kelganini bildirdilar.
— Buyoqqa olib kiringlar.

Ikki daqiqadan keyin xonaning sadaf naqshli eshigidan moʻylovdor, baquvvat, tik jussali, quvnoq bir odam kirib keldi. Ingichka qora qoshlarining ostida katta-katta koʻzlari porlar edi. Belidagi xanjar qini boʻsh edi. Huzuriga kelganlarning etagini oʻpib, ta’zim qilishiga oʻrganib qolgan vaziri a’zam bu odamning ham unga mulozamat koʻrsatishini kutdi. Biroq kutilgan mulozimat koʻrsatilmadi. Vaziri a’zam bunaqa magʻrur, boshi yuqori koʻtarilgan odamni umrida birinchi marta koʻrib turishi edi. Saroy a’yonlari esa uning huzurida ikki bukilib turardilar. Muhsin Chalabiy qat’iyatli ovozi bilan soʻradi:
— Meni chaqirtirgan ekansiz, afandim. Nima gapingiz bor edi?
— Bir ish bor…
— Buyuring, afandim.
— Marhamat, oʻtir, ogʻlim…

Muhsin Chalabiy tortinmasdan, istihola qilmasdan, oʻzini erkin his qilgan holda koʻrsatilgan joyga oʻtirdi. Bosh vazir qoʻlidagi buklangan qogʻozlarga qararkan, ichida «Bu qanaqa odam? Telba emasmi?» deb oʻylardi.

Ammo Chalabiy unday emasdi. U xudojoʻy, gʻoyatda aqlli inson edi. Insonga ta’sir etguvdek salobati va siri bor edi. Qaragʻay oʻrmonining orqasidagi katta xoʻjalikni boshqarar, peshona teri bilan mehnat qilar, hech kimga gʻayirligi yoʻq edi. Yoʻqsil va gʻariblarning koʻnglini olar, dasturxonidan mehmon arimasdi. Dinni mahkam ushlardi. Ammo mutaassib emasdi. Din, ulus, vatan ishqini, mamlakatining buyukligi, muqaddasligini yurakdan his qilardi. “Tangridan boshqasiga sajda etmay, qulga qul boʻlmaslik” uning hayotdagi maqsadi edi. Ilmi toʻkisligi har bir ishida sezilardi. Ibn Kamol u haqda: “Menga ta’lim berdan edi”, deb eslagandi. U shoir ham edi. Ammo umrida birorta ham qasida yozmagan edi. Hatto shunaqa maqtov she’rlarni oʻqimasdi ham. Yoshi qirqdan oshayotgandi. Mansab-martabaga qiziqmas, bu oltin qoplangan, zar gulli, jannatmonand nurli yoʻlning soʻnggida kirlangan mehrob ham boʻlishini bilardi. Insoniylik uning uchun juda yuksak martaba edi. Uningcha inson - yerning ustidagi Tangrining xizmatkori. Yaratgan insonga axloqni ta’lim bergan. Inson esa u yaratgan borliqning ustida. Yaltoqlanish dumini qimirlatib egasining oyoq kiyimini yalaydigan koʻppakka yarashadi, insonga emas… Muhsin Chalabiy amaldorlar oldida ikki bukilib, ularga mulozamat koʻrsatgan, oʻz gʻururini bilmaydigan, zaiflardek yerga sudralib yuradigan isqirt insonlardan nafratlanardi. Hatto bundaylarni koʻrmaslik uchun odamlardan uzoqda yurar edi. Faqatgina urush boʻlgan paytda qismlarga sardorlik qilish uchun ularga qoʻshilardi.

Huzurida oʻzini juda erkin qoʻyib oʻtirgan bu qahramon vaziri a’zamni ajablantirdi. Qizishmasdan maqsadga oʻtdi:
— Tabrizga elchi joʻnatishimiz kerak. Bizning nomimizdan bora olasanmi, oʻgʻlim?
— Menmi?
— Ha.
— Menga nima aloqasi bor?
— Bu ishni bajara oladigan munosib odam topolmayapmiz-da…
— Men shu vaqtga qadar davlar xizmatini bajarmaganman.
— Nega?
— Chunki men bosh egmayman, etak oʻpmayman. Oʻzidan katta a’yonlarning mavqelariga boʻyin egib, qoʻl, etak, hatto oyoq oʻpib ikkiyuzlamachilik, laganbardorlik qilganlar atroflariga ham shunaqa chirkin insonlarni top’laydilar. Arzandalari, xizmatkorlari, hatto qoʻriqchilari ham shunday olchoq, ikki yuzli, axloqsiz yaltoqilar, nomussiz masxarabozlardir. Mard, toʻgʻri, oʻziga ishonadigan, vijdonli odamni koʻrdilarmi, undan nafratlanadilar, uni yoʻq qilishga chiranadilar. Ahmad Poshshoni nima uchun oʻldirdilar…

Vaziri a’zam tishini tishiga qoʻydi. Koʻzlarini majolsiz ochib-yopdi. Qoʻlidagi qogʻozni gʻijimladi. Achchiqlanmas, ammo avvallari jahli chiqqanidek yanoqlari titrar edi. Vazirlaru katta beklar ham, hatto oʻz tengqurlari ham unga bunday achchiq muomala qilmagan edilar. Yana “rostdanam telbamikan” deb oʻyladi. Agar ahmoq boʻlmasa, nega bunday gustohlik qiladi? Bu qadar betgachoparlikga nima jur’arlantirmoqda oʻzi? Yana qovoq oʻydi. Ichida “uning boshini oldirsammikan” deb oʻyladi. Eshikbonlarga baqirish uchun ogʻiz juftlagan edi, vijdonining allaqaysi yeridan kelgan sadoni eshitdi: “Ikkiyuzli, sullohlar kabi haq gapni eshitmaslikka harakat qilyapsan. Sen ham qarshingda mard bir insonni emas, oyoqlaringni yalagan koʻppak va yo senga ikki bukilgan razil insonni istayapsan!” Yumilgan koʻzlarini ochdi. Gʻijimlangan qogʻozlarini yoniga qoʻydi. Yana Muhsin Chalabiyga boqdi. Yuzida qilich tigʻidan qolgan dogʻi, uzun boʻyni, biroz katta, egilgan burni, oʻziga yarashib turgan sallasi xuddi “Shohnoma” qahramonlarini eslatardi. Insofli vaziri a’zam izzat-nafsiga tekkan soʻzlarni unutishga urinib, oniy gʻazabini engishga harakat qildi. “Biz qidirgan odam aynan shu”, - dedi. Hattoki oʻlimdan ham qoʻrqdigan bu kabi odam mamlakati, xalqi xizmatidan chekinmas edi. Sallasi yungini silab, dedi:
— Seni Tabrizga elchi qilib joʻnatamiz.
— Huzuringizda qancha merganlar, kotiblar va oqsuyaklar bor. Nega ulardan birini tanlamadingiz? - soʻradi Muhsin Chalabiy.
— Sen shoh Ismoil degan yaramas odamni bilasanmi?
— Bilaman.
— Vataningni sevasanmi?
— Sevaman.

Vaziri a’zam orqasiga oʻgirilib:
— Yaxshi, unday boʻlsa… - dedi. - Bu pastkash inson “elchiga oʻlim yoʻq” aqidasini qabul qilmaydiganlardan. Biz bilan urushish da’vosida yuribdi. Yuboradigan elchimizga oʻzining kim ekanligini koʻrsatib qoʻyishni xohlayapti. Hatto seni qatl etishi mumkin. Chunki Allohdan qoʻrqmaydi. Elchimizga qilingan tahdid davlatimizga amalga oshirilgan jinoyatdir. Bizga shunday odam kerakki, oʻlimdan qoʻrqib, boʻyin egmasin. Pastkash insonga munosib javob bersin… Agar Vataningni sevsang, buni fidokorlik oʻlaroq qabul qilasan!

Muhsin Chalabiy oʻylab ham oʻtirmasdan:
— Qabul qildim, afandim, - dedi. – Ammo bir shartim bor.
— Qanaqa shart?
— Modomiki, bu fidokorlik ekan, uni pul bilan oʻlchanmaydi. Begʻaraz boʻladi. Davlat uchun pulli fidokorlik, qanday boʻlmasin, shaxsiy daromaddan boshqa narsa emas. Men maosh, maqom, martabani istamayman. Hech qanday haq olmay bu xizmatni zimmamga olaman. Mening shartim shu.
— Ammo, oʻgʻlim, bu qanday boʻladi? Uning elchisi juda qimmatbaho kiyimlarda edi. Ulovi, xizmatkorlari ham qusursiz edi. Bizning elchimizning ulovi, xizmatkorlari, liboslari undan-da koʻrkam, qimmatbaho boʻlmogʻi lozim. Bular uchun senga albatta xazinadan oltin ajratamiz…

Muhsin Chalabiy norizo qiyofada boshini qimirlatdi:
— Yoʻq, xazinadan hech narsa olmayman. Koʻzni oluvchi muhtasham ulovlarni, bashang kiyingan xizmatkorlarni oʻz pulim bilan tayyorlayman. Hatto…

Vaziri a’zam taajjub bilan boqdi.
— …
— Hatto egnimga shoh Ismoil umrida koʻrmagan qimmatbaho libos kiyaman.
— Nima kiyasan?
— Toroʻgʻli zardoʻzdan “qizil durli koʻylak”ni sotib olaman.
— Nima? Buncha pulni qayerdan olasan, oʻgʻlim?

Vaziri a’zamning ajablanganicha bor edi. Bir oy oldin tayyorlangan, juda kamyob durdan ishlangan bu koʻylakning ovozasi butun Istanbulga yoyilgan edi. Vazirlar, elchilar bu koʻylakni podshohga sovgʻa qilish uchun Toroʻgʻlining oldiga borishar, u esa bahosini oshirar edi. Muhsin Chalabiy bu mashhur koʻylakni qanday olmoqchi ekanligini tushuntirdi:
— Xoʻjaligimdagi otarni, uyimni garovga qoʻyaman: tujjorlardan oʻn ming oltin qarz olaman. Ikki mingini ulov bilan xizmatkorlarga sarflayman. Qolgan sakkiz ming oltinga bu koʻylakni sotib olaman.

Vaziri a’zam bu ishni ma’qul koʻrmadi:
— Kelganingdan soʻng bu koʻylak senga kerak boʻlmaydi. Uni faqat bir marta kiyasan. Mollaringni qoʻldan chiqarib, yoʻqsil boʻlib qolasan-ku.
— Yoʻq, sakkiz ming oltinga oladigan koʻylakni olti oydan soʻng Toroʻgʻli mendan yetti mingga qayta sotib oladi. Yetti ming oltin bilan men xoʻjaligimni tiklab olaman. Qolgan qarzlarimni uzolmasam, otamdan qolgan bu xoʻjalik davlat uchun fido boʻlsin.

Muhsin Chalabiy bilan gaplasharkan, vaziri a’zamning hayrati orta boshladi. Yuragi rohatlandi. Haqiqatan ham gustoh, mahmadona bir hukmdorga munosib javob bera oladigan odam topilgan edi. Devonning nozik, qoʻrqoq a’yonlari esa jonlari bilan mollarini juda sevardilar. Agar ulardan birini elchi qilib joʻnatilsa, davlatining muhabbati qolib, oladigan moli haqida oʻylar edi.

Vaziri a’zam Muhsin Chalabiyni taomga taklif qilmoqchi boʻldi. Uddasidan chiqmadi. Xayrlasharkan, dahlizgacha kuzatib qoʻydi.

Muhsin Chalabiy mol-qoʻylari bilan katta xoʻjaligini, uyini, doʻkon va bogʻlarini garovga qoʻyib, tujjorlardan qarz oldi. Ulov hozirladi. Bu haqiqatan koʻzni qamashtiradigan darajada goʻzal va mukammal karvon edi. Torogʻlidan keyin yetti mingga qaytib olish sharti bilan qizil durli koʻylakni ham sotib oldi. Yosh xotini va ikki farzandini yaqinlarining uyida qoldirdi. Olti oylik nafaqalarini qoʻllariga berdi. Soʻngra xalifaning maktubini olib, yoʻlga tushdi. Elchining boyligi, xususan, qizil durli koʻylagining shuhrati butun Onadoʻlidan oʻtib, shoh Ismoilning diyoriga ham yetib borgan edi. Muhsin Chalabiy Tabriz shahriga shavkatli qiyofada kirib keldi. Bu kichik shaharning zeb-ziynatga, boylikka oʻch xalqi Istambul elchisining koʻylagini koʻrib hayratdan yoqa ushladi. Barcha anjumanlarda koʻylakning ta’rifi koʻklarga koʻtarildi. Shoh Ismoil esa qizil durni faqat ertaklarda eshitgan, qanday narsa ekanligini umrida koʻrmagan edi. Oʻzi hali tasavvur ham qilolmagan narsaning sohibi boʻlgan bu badavlat elchiga nisbatan ichida kin paydo boʻldi. Uni huzurida tahqirlab, yer bilan bitta qilishga qaror qildi. Qabuldan avval taxti orqasiga jallodlarni hozirlatdi. Taxti oldidagi ipak toʻshaklar va joynamozlarni ham qoldirmadi. Oʻng tomonida vazirlar, chap tomonida sarbozlar turardilar.

Muhsin Chalabiy ochiq eshikdan magʻrur qadam bilan kirdi. Boshi har doimgidek baland koʻtarilgandi. Qoʻynidan xalifaning maktubini chiqarib oʻpdi. Soʻng oltin taxt ustida ipak kiyimlarga burkanib yirtqich qush kabi oʻtirgan shohga uzatdi. Oyogʻi oʻpilmagan shohning jahli chiqib qizara boshlagandi. Koʻzining oqlari koʻrimnay qolgan shoh maktubni oldi. Muhsin Chalabiy taxt yonidan chekinib, atrofga nazar soldi. Hech kim oʻtirmagan edi. Kulimsiradi. Ichida: “Meni zoʻrlab oyoqda turib, ularga ta’zim etishimni xohlayaptilar shekilli” dedi. Biroz oʻylandi. Bu haqoratga qanday javob berish kerak? Shartta ustidagi qizil durli koʻylakni yechib, taxtning yoniga tashladi. Shoh Ismoil, vazirlari, qoʻmondonlar taajjubga tushgan, sarosima ichida unga qarardilar. Soʻng u qimmat koʻylakning ustiga chordona qurib oʻtirib oldi. Dev, ajdaho suratlari tushirilgan, oltin suvi yuritilgan ravoqlarda jarang sochgan dabdabali ovoz bilan:
— Maktubini berganim buyuk podshohim Oʻgʻuz Qoraxonning avlodidandir – deb hayqirdi. – Dunyo yaratilganidan beri uning ajdodlaridan hech kimsa qul boʻlgan emas. Hammasi podshoh, hammasi hoqon oʻtgan. Otalari tugʻilgandan beri hukmdor boʻlgan bir podshohning elchisi boshqa podshoh oldida egilib-bukilmaydi. Chunki…

Muhsin Chalabiy turkcha gapirib, hayqirar, turkcha bilmaydigan shohning jahli chiqib, qizarar, hali ochib ulgurmagan maktubni tutgan qoʻli hayajondan dir-dir titrardi… Taxtining orqasidagi jallodlar esa allaqachon qilichlarini chiqargandilar.

Muhsin Chalabiy hamon baland ovozda nutq irod qilardi. Donishmandlar, vazirlar, jallodlar, sarbozlar hukmdorlarining nega sabr qilayotganiga, nega unga jazo bermayotganiga ajablanardilar. Hatto ichlaridan ba’zilari ovozlarini koʻtarib mingʻirlay boshladilar. Muhsin Chalabiy soʻzini tugatib, chiqishga izn ham soʻramadi va oʻrnidan turdi. Eshik tomon toʻgʻri yurdi. Shoh Ismoil hayratdan tosh qotgandi. Sinmas gʻururi bugun bir turkning otash nigohlari ostida chilparchin boʻlgan edi. Muhsin Chalabiy tashqariga chiqarkan, shoh Ismoil oʻzi kabi sarosimada qolgan xizmatkorlariga:
— Uning koʻylagini olib chiqib beringlar! – dedi.

Sarbozlardan biri yugurdi. Taxt oldidagi koʻylakni olib, turk elchisiga olib bordi:
— Marhamat, taqsir, koʻylagingizni unutdingiz.

Muhsin Chalabiy toʻxtadi. Kuldi. Saroy tomonga oʻgirilib, shoh eshitadigan tovush bilan:
— Yoʻq, unutmadim. Uni sizlarga qoldirdim. Saroyingizda buyuk podshoh eschisini oʻtkazishga loaqal bitta toʻshagingiz yoʻq ekan. Turk yerga solgan narsasini hech qachon ustiga kiymaydi. Buni bilmaysizlarmi? – dedi.

… Muhsin Chalabiy kecha-kunduz yoʻl yurib, Vatan sarhadlariga yetib keldi. Uskudarga kirganida, uning kissasida bir aqcha ham qolmagan edi. Bashang kiyingan xizmatkorlariga:
— Bolalarim! Mingan otlaringiz, ustingizdagi kiyimlar, belingizga qadalgan qimmatbaho qilichlaringiz sizga boʻlsin. Mendan rozi boʻlasizlarmi?
— Rozimiz, - deyishdi joʻr ovozdan.

Rizolik bilan xayrlashdilar. Muhsin Chalabiy chuqur nafas olib, uyiga uchramasdan dastlab vaziri a’zamning huzuriga bordi. Maktubni shohga berganini, hech bir haqoratga uchramaganini, shohdan izn ham soʻramay Istanbulga qaytganini soʻzladi. Bosh vazir uning bu vazifani a’lo darajada oʻtashiga ishonardi. Yoʻldagi holatlar, qabilalarga oid ba’zi narsalarni soʻradi. Chalabiy ketishga hozirlanayotgan payt:
— Sotib olmoqchiman, oʻgʻlim, koʻylaging shu yerdami? – dedi.
— Yoʻq, olib kelmadim.
— Ajamistonda sotdingmi?
— Yoʻq, sotmadim.
— Oʻgirlatdingmi?
— Yoʻq.
— Unda nima qilding?

Bosh vazir takror-takror soʻradi. Koʻylakning nima boʻlganini baribir bilolmadi. Muhsin Chalabiy qilgan ishidan faxrlanadigan odam emasdi. U kechasi Uskudarga qaytdi. Ertasi kuni yetti ming oltinga koʻylakni qayta sotib olmoqchi boʻlib kelgan Torogʻliga ham bor gapni aytmadi. Istanbulda ham hech kimsa “qizil durli koʻylak”ning qanday, qayerda, nima uchun gʻoyib boʻlganini bilolmadi. Tabriz saroyidagi sarguzasht tarix qatlarida gʻoyib boʻldi, sir boʻlib qoldi. Ammo eski davlatmand Muhsin Chalabiy shu koʻylak tufayli qarzlarini toʻlay olmadi, molini garovdan qutqarolmadi. Elchilikdan yodgor qolgan ulov va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan taqimini sotdib. Shu aqchaga Kuzgunchukdan kichkinagina bogʻ sotib oldi. Ekin-tekin qilib hosil oldi. Umrining oxirigacha Uskudar bozorida koʻkat sotib tirikchilik oʻtkazdi, bolalarini boqdi. Ga’riblikda, yoʻqsillikda hayot kechirdi. Shunda ham na biron kimsaga boʻyin egdi, na butun boyligini bir onda yoʻqotish bilan erishgan fidokorligi haqida gapirib faxrlandi.