OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmar Sayfiddin
Asar nomiYakkama-yakka (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Umar Sayfiddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonZamira Hamidova (turk tilidan)
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yakkama-yakka (hikoya)
Umar Sayfiddin

«
…Turklar oz soʻzlab, koʻp ish qiladilar.
Maqtul Ibrahim Pasha[1]
»

Bosniya begi bilan Semendire[2] begining askarlari mana necha haftadir «Yaycha»ni[3] oʻrab olgan, qoʻmondonlarining kelishini kutardilar. Tinmas yomgʻirlarning, boʻronlarning ura-ura yoʻsinlatgan kulrang devori buyuk qal'a quvvatiga ishonardi. Na eshigida, na ustida birov koʻrinardi. Burchaklarida hilpiragan bayroqlar boʻlmasa boʻm-bosh bir qoya deb sanalishi mumkin edi.

Ikki otim narida qurilgan oq chodirlarning oldidagi yerga toʻshalgan qora teri yopinchiqlarda oʻtirgan yosh voyvodalar, keksa bir askarning gapirib berayotlarini tinglashardi. Havo xuddi yoz tongiday goʻzal edi. Atrofda navbatchi guruhlar uzun nayzalari bilan chavgon oʻynayotganday yugirishar, yorugʻlikdan asablangan otlar koʻkka sapchib toʻrt oyoqlab oldinga chopishardi. Goʻyo, butun harbiy lagerda toʻrt kundir quyoshni koʻrsatmagan hoʻl tutunning hibsga olgan nash'asi birikib, jonlanganday edi. Moshguruch qalin moʻylovlarini burnining uchiga qarab, ikki qoʻli bilan bukkan keksa zobit:
— Mening katta otam bu yerda shahid boʻldi, dedi.
— Oʻtgan safar oʻrab olingani mahalmi?
— Qanaqasiga oʻtgan safar boʻlsin?
— Yosh bolamisizlar-ey? Men oltmishga kirdim. Katta otam necha yoshda boʻlishi kerak?

Suhbatni tinglaganlar kulishdi:
— Harholda sendan katta boʻlishi kerak, dedilar.
— Tabiiyki ancha katta. Hammaga ma’lumki askar kech uylanadi. Ehtimol menga oʻxshab qirqidan keyin uylangandir. Men yuzini koʻrmadim. Faqat hikoyasini eshitdim. Bu qal'aning qoʻmondoni emish…
— «Yaychaningmi»?, deb hayron boʻldilar.
— Ha, albatta?

Oʻng tarafida oʻtirgan yirik, qoramagʻiz yigit soʻradi:
— Boʻlmasa nimaga shahid boʻldi, deyapsan?
— Boshqa nima deyay?
— «Otildi, oʻldi' de.
— Nima uchun?..

Qoramagʻiz yigit tilining uchiga kelgan soʻzni aytmadi. Yutindi. Quroldoshlarining yonida sovuq bir gap aytgisi kelmadi. Nasroniy boʻlib oʻlgan kishiga «Shahid boʻldi» deyiladimi? Keksa zobitning atrofida oyoqlarini qovushtirib oʻtirgan yoʻldoshlari, narigi voyvodalar, «nima uchun, nima uchun?» deb yuziga boqar edilar. Jim tursa bu sukunat yanada ogʻirlashar, oʻzi yana ham mushkul vaziyatda qolishi mumkin edi. Qizardi. Oʻylamasdan ogʻzidan chiqarib yuborgan e’tiroziga pushaymon boʻldi. Ammo ortiq hech bir qochish yoʻli yoʻq edi. Siqilgan holda:
— Otangning oti nima edi, dedi.
— Sungur…
— Voy.. Turkmiydi?
— Ha, butun sulolasi bilan…
— Nasroniylarning goʻshinida askarmidi?
— Yoʻq, bizning qoʻshinimizda.
— U holda qanday qilib «Yaycha»da qoʻmondon boʻlibdi?
— «Yaycha» bizning qalamiz edi axir.

Yosh, jasur, qahramon voyvodalar hayron boʻlib qoldilar. Bular tom ma’noda harb odamlari edi. Faqat olgan buyruqlari bilan qiladigan ishlarini bilar edilar. San'atlari ichida shunchalar gʻarq boʻlgan edilarki, sodir boʻlayotgan voqealarga hech ahammiyat bermasdilar. Uzoq, yaqin tarixni emas, hatto oʻzlarining qilgan ishlarini bilmas, vayron etgan qasabalarning, yagʻmo qilgan shaharlarning ismlarini ham unutardilar. Unutmagan narsalari istiqbolga oid boʻlib: «Qizil olmaga»[4] borilajak edi. Bu hujumlar, bu muhosaralarning hammasi u yerga yoʻl oshi uchun edi. U yer dunyodagi jannat edi! Butun dunyoning zafari, shoni, saodati, gʻanimati u yerda edi. Keksa zobit qalin moʻylovlariga qaradi. Biroz oʻylanib turib keyin boshini chayqadi. Qalin tomirlari koʻringan qilli, bugʻdoyrang qoʻlini qal'aga qarab uzatdi:
— Bu yer ikki yil bizda qoldi.
— Qachon?, - deb soʻradilar.
— Fotih Gʻoziy[5] zamonida…

Keksa zobit yosh jangchilarga bu ikki sanalik hokimiyat haqida gapira boshladi. Bobosi bilan kelgan Turkmanlar qal'a ichidagi insonlarning jonlarini bagʻishlagan edilar. Na jonlariga, na mollariga tegilgan edi. Hatto ular asir olinmagan edilar. Mahalliy kishining hokimlardan farqi yoʻq edi. Shu darajadaki bir yortu kuni[6] bozor maydonida toʻpolon qilgan sarhoʻsh nasroniyni urganlari uchun ikki sarsari kishining kallasi kesilgan edi. Dalalarida, tijoratlarida ishlagan Yaychaliklarni xuddi «adolat» qutirtirgan edi. Xalqidan amin boʻlgan Usmonlilarning hammasi juma kuni jome’ga toʻplanib namoz oʻqir edilar. Koʻrgan yaxshiliklarining intiqomini olmoqchi boʻlgan mahalliylar toʻplanib jome’ni bosishadi. Sungur Alp bilan odamlarini bir onda oʻldiradilar. Burchaklarda qolganlarni esa asir etadilar. Ana shunaqa….
— Mana yetmish yil boʻlibtiki «Yaycha» yana ularda…, - deb hikoyasini bitirgan qariya qaddini tikladi. Q'ollarini tizzasiga tirab birdan hayqirdi:
— Ammo bu safar qal'ani mutlaqo olamiz.
— Mutlaqo…
— Avvalo beklar kelishsin bir.
— Fursat kelib qolsa beklarni ham kutmaymiz.
-…
— Bir hujum.
— Ammo hali askar keladi…
— …

Qariya bundan oldingi qurshovda ham qatnashgan edi. U safargisi qanchalar qoʻrqinch falokat edi. Farhod Beyni tuzoqqa tushirib qirq bayroq bilan birga boshini olgan jangchi popni topish uchun Vuryuzen[7], Manastir[8], Semendire beklari maydonga otilgan edilar. Husrav Bey, Sinan Bey, Bali Bey-Fran Triyban kontu mashhur jangchi Kristof oʻn olti ming kishi bilan yordamga kelguncha Yaychani qurshovga olgan edilar. Qariya birdan jim qoldi. Yuzini burishtirdi:
— Oh bechora Jem…, - dedi. Koʻzlari yoshga toʻldi.
— …
— Dunyoda bu Jemning tushgan ahvoli qadar yuragimni parchalagan boshqa bir alam yoʻq. Qanchalar jasur, qanchalar quvvatli, qanchalar bahodir yigit edi! Zobit yigʻlardi. Oʻtirganlar soʻrashdi:
— Hozir qaerda?
— ….
— Oʻldimi?
— Koshki oʻlsa edi…
— Nima boʻldi boʻlmasa?
— Yarim oʻlik boʻlib qoldi.
— ?
— Ha yarim oʻlik. Bir askar uchun hayotda boʻlib turib urisholmaslik “yarim oʻlik” deganidir. Jem urush uchun yaratilgan edi. Oʻtgan safargi qurshovda bir kuni yana xuddi shu yerda oʻrtoqlarimiz bilan suhbatlashib oʻtirgandik. Jem dediki: “Mening yuragim siqilyapdi. Urishmoqchiman.” Soʻngra “Qani kelinglar, dushmanning bosh jangchisini yakkama-yakka urishga chaqiray. Qabul qilsa koʻngilxushlik qilamiz.”, dedi. Men, maqsadimiz oʻz kuchimizni, quvvatimizni koʻrsatish emasligini aytdim. Maqsadimiz hammamiz birga boʻlib qal'ani olish edi. Fikridan qaytarishga harakat qildim. Gapimga quloq solmadi. Oʻrnimizdan turib orqasidan bordik. Qal'aga yaqinlashganda Jem otini oʻynatib ”Ichlaringdan oʻziga ishongan bor boʻlsa mana maydon…Yakkama-yakka urishamiz.”, deb hayqirdi. Qal'adan “bor, bor” deb baqirdilar. Biroz keyin qal'aning eshigi ochilib, bir otliq chiqdi. Bu mudofaachilarning boshligʻi “Blas Sheri” edi. Boshdan oyog zirh kiygan edi. Oti ham zirhli edi. Jem qilichini chiqarmagan, qoʻlida ayzasini tebratardi. Bir-birlariga hujum qila boshladilar.
— Blas Sheri nima bilan hujum qilardi?
— Qilich..
— Nayzaga qarshi qilich boʻladimi?
— U payt biz ham bunga hayron boʻldik. Bu odam gʻoyat yirik, gʻoyat quvvatli bir jangchi edi. Ammo Jem undan ham yirik, yanada yosh va chaqqon edi.
— Jemning zirhi yoʻqmidi?
— Bor edi ammo faqat koʻkrak qismida. Ikki soatgacha bir-birlarini yaralayolmadilar. Otlari charchadi. Qal'aning toʻsiqlari tomoshabinlar bilan toʻlgan edi. Bizning askarlar ham tizilib uzoqdan bu hayajonli kurashni tomosha qilardilar. Barobarga qolishadigandi. Su payt qanday sodir boʻldi, koʻrolmay qoldik. “Qars” degan ovoz eshitildi va Jemning nayzasi sindi. Qlichini qinidan sugʻurishga fursat topolmadi. Blas Sheri tizzasiga qilichini shunday aylantirib soldi-ki…
— Oh qanday soʻzlayin. Shu onda chap oyogʻi etigi bilan birga yerga tushdi. Biz unga qarab yugirdik. Otining boshini ushlab uni pastga tushirdik. Blas Sheri ”Urra, urra” deb uni olqishlagan qal'aga kirdi. Jem bechoraning yuzi sap-sariq edi. Yerdagi uzilgan oyogʻiga qarar: ”Xudo haqqi meni oʻldiringlar!”, - derdi. Quchogʻimizda chodirga olib keldik… Jarroh shovillab oqqan qonni toʻxtatdi.

Qariya yigʻlab Jemning eski qahramonliklarini aytib berdi. Bunaqa mard zobitni hali goʻshin koʻrmagan edi. Endi esa bechora kim biladi Onadoʻlining[9] qaysi shaharida, qoʻltiq tayoqlari bilan kezib, chegaraning hayoli bilan oh chekayotgandir. Bir jangchi uchun jangdan uzoq yashash qadar achchiq alam yoʻq. Oʻlmoq,yosh chogʻida nogiron qolishidan yaxshi edi. Oʻlgan jangchi shon-sharaf ichida abadiy istirohatga oʻtar, qoʻlsiz, oyoqsiz qolgan qahramon esa harb hasrati ichida hayoti boʻyicha bir jahannam azobi bilan toʻlgʻonardi. Keksa zobit jasur Jemning nogiron qolganidan keyingi umidsizligini, hirsini, ololmagan intiqomining ruhida ochgan yarani achchiq-achchiq anglatdi. Tinglaganlarning ichidan biri tezlda oʻrnidan turdi. Chodirning orqasida turgan askarlarga:
— Mening otim bilan nayzamni olib kelinglar…, - deb hayqirdi.

Bu Qosim Voyvoda edi!...

Oʻtirganlar:
— Nima qilasan?, - deb soʻrashdi.

“Hech narsa” deganday yelkasini uchirdi. Qoʻllari orqasida, oldinga qarab yura boshladi. Har jangda, har hujumda qoʻshinning boshlarida boʻlgan bu qisqa boʻyli, ozgʻin yosh yigit juda kam gapirar, faqat eshitardi. Kiyimidan quvvati unchalik bilinmasdi. Zaif boʻlgani uchun zirhi vujudiga katta kelar, baland dovulgʻasidan ingichka moʻylovli nozik yuzi kichkinagina koʻrinardi. Oti kelishi bilan ustiga sakrab, nayzasini qoʻliga oldi. Jiyakli qora yopinchiqlarda oʻtirganlar ham oʻrinlaridan turdilar. Qariya yoʻldoshlariga:
— Yakkama-yakka urishishga ketyapdi, - dedi. Zirhini kiysaydi koshki…

Oʻrtoqlari: “Qosim, zirhingni kiy!”, - dedilar. U hech javob bermay yana yelkasini siltadi. Maydonga qarab otini choptirdi. Qal'aning eshigiga borganda yakkama-yakka kurashish uchun bir jangchi istadi.

Qal'adan hech kim javob bermadi.

Voyvodalar, zobitlar, yayov holda tomosha uchun orqasidan yugurgan edilar. Qosim belidan qilichini chiqarib uzoqqa otdi. Otidan sakrab tushdi, otining soniga nayzasi bilan urdi. Ot qarorgohga qarab chopdi.
— Hay, oʻsha sizni qoʻrqoqlar!, - deb hayqirdi. Mana otimdan tushdim. Qilichimni otdim. Orqamda zirhim, qoʻlimda qalqonim yoʻq. Ichingizda men bilan yakkama-yakka kurashadigan erkak yoʻqmi?

Qal'aning toʻsiqlaridan qarab turganlar:
— Kimni hohlaysan?, - dedilar.
— Blas Sherini…
— U bu yerda yoʻq….
— Undan ham ustun birontasini xohlayman!...
— Unday boʻlsa kut!
— …

Qal'aning oldida Qosim Voyvoda ogʻir temir nayzasini yerga qadadi. Yumaloq soyasini ezib kutar, sabrsizlanardi. Yoʻldoshlari uzoqdan unga boqardilar. Qilgan ishi ham ahmoqlik edi. Chunki, qilichsiz, qalqonsiz, otsiz, zirhsiz hech jang qilib boʻladimi? Ammo unga gap uqtirishning imkoni yoʻq, chunki juda qaysar edi. Qaror bergan narsasidan qarshisida oʻlim koʻrsa ham qaytmasdi. Qal'a eshigining gʻijirlashi eshitildi. Qora zirhli ot ustida qora zirhli bir dev koʻrindi. Yonida ogʻir bir qilich osilgan, qoʻlida qalin bir nayza tutardi. Bu dev, Jan Hobordanskiy edi. Dushman qoʻshinida uning qadar quvvatli, uning qadar haybatli, uning qadar yirik jangchi hali yoʻq edi. Yakkama-yakka kurashlarda hech kimsa uning qarshisiga chiqa olmasdi. Otini jilovladi va uni Qosim Voyvodaning ustiga qarab soldi. Bu otsiz, qilichsiz, zirhsiz Turkni otiga ezdirmoqchi boʻldi. Qosim birdan nayzasini sugʻurib orqasiga tisarildi. Hobordanskiyning oti ustiga kelar ekan egildi. Ot esa uning ustidan sakradi. Hobordanskiy otini orqaga qaytarib ustiga qarab takror haydar ekan Qosim Voyvoda oʻrnidan sakrab turdi va nayzasi bilan unig koʻkragiga shunday sanchdiki…bir onda bu harb devi zirhlarini shaqqillab yerga dumaladi. Qalqoni bir tarafga, nayzasi bir tarafga uchdi. Bu yiqilishning dahshatidan hurkkan ot shataloq otib qochdi. Qosim Voyvoda yerda yotgan qoʻtosga tashlangan chaqqon qoplon bolasiday raqibining utsiga tashlandi. Dubulgʻasini tepasidan ushladi. Uzoqdan:”Yasha, yasha!” deya baqirgan yoʻldoshlari:
— Kallasini kes, kallasini kes!.. - deyishardi.

Qosim javob bermadi yana yelkasini siltadi. Hobordanskiyning temir zirhli keng yelkasini oʻng tizzasi bilan bostirib, qalin qoʻllarini orqaga bukdi… Jigarini moʻljallab bir nechta musht tushirdi. Har musht tushishida nayza zarbasi bilan koʻkrak suyaklari ezilgan behush Hobordanskiy “Ah, ah” deb ingrardi. Ogʻzidan tarnovdan kelganday quyuq qon otilardi. Ingrashi kesilishi bilan Qosim Voyvoda hech narsa qilmaganday sovuqqonlik bilan oʻrnidan turdi. Yerdan qilichini, nayzasini oldi. Oʻrtoglariga qarab yura boshladi. Qal'adan chiqqanlar Hobordanskiyning jasadiga qarab yugurdilar. Keksa zobit:
— Hay Qosim! Nimaga bu odamning kallasini kesmading?, - deb yelkasini siladi.

Narigi Voyvodalar ham atrofini oʻradilar:
— Nimaga kesmading-a, nimaga kesmading?, - der edilar.

Qosim kulimsiradi. Qariyaga qaradi. Tambal lablarini zoʻrgʻa qimirlatib:
— Yigit maydonida oʻlishga u loyiqmiki… - dedi.

Soʻngra oʻrtoqlariga burilib ilova qildi:
— Ortiq yashagan muddaticha qoʻli qurol tutolmaydi. Uni yotoqqa koʻmdim. Dunyoda yotoqdan yanada azobli bir mozor bormi?

Haqiqatan Jan Hobordanskiy boshqa jang qilolmadi. Yillab yotoqda toʻlgʻondi….Oʻrnidan turgan zamon u eski mudhish, quvvatli jangchi emas, hasta, magʻrur bir siyosatchi edi. Istambulga dushman tarafidan ilk marotaba u elchi boʻlib keldi. Vazirlarning anchagina yuragini siqdi. Nihoyat…yigit maydonida ham oʻlmadi. Sulton Sulaymonning Vengriyaga qirol ta’yin qilgan Yanoshni oʻldirmoq uchun bir kun yashirincha Budapeshtga kirmoqchi boʻlganida ushlandi va qopga solinib Tuna daryosiga uloqtirildi…


  1. Maqtul Ibrahim Pasha - Mashhur turk generali.
  2. Semendire - Serbiyadagi shahar.
  3. Yaycha - Bosniyadagi mashhur qal'a.
  4. “Qizil olma” - Usmonlilar tarafidan Rim va Avstriyaga berilgan nom.
  5. Fotih Gʻoziy - Fotih Sulton Muhammad, VII. Usmonli podishohi.
  6. Yortu kuni - Nasroniylarning Haz. Iso bilan bogʻliq bayramlari.
  7. Vuryuzen - Serbiyadagi tarixiy yer.
  8. Manastir - Makedonyadagi shahar.
  9. Onadoʻli - Turkiyaning Osiyo qit'asida joylashgan qismi.