OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmarali Normatov
Asar nomi«Eng muhim muammo...»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Umarali Normatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 12-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Eng muhim muammo...»
Umarali Normatov

— Ustoz, bugungi adabiy jarayondagi Sizni qiziqtirayotgan, oʻy-mulohazaga undayotgan eng muhim muammo nima?
— Sherali, bilaman, samimiy ehtirom belgisi oʻlaroq har doim boʻlganidek, menga «Ustoz» deb murojaat etayotirsiz. Buning uchun rahmat. Biroq, ochigʻi shunday murojaat menga biroz malol keladi. Toʻgʻri, universitetda Sizga koʻp domlalar qatori men ham dars berganman. Ammo dars bergan, ilmiy ishiga rahbarlik qilgan har bir domla ustoz boʻlavermaydi. Mening nazarimda, «ustoz» juda baland martaba. Men ta’lim olgan va ishlayotgan fakultetda keyingi yarim asr ichida ikki, nari borsa, uch olimgina «ustoz» maqomiga koʻtarilgan, xolos.

Siz qoʻygan savolga kelsak, shuni aytish mumkin: adabiyotga, adabiyot ilmiga daxldor barcha hamkasblarim kabi bugungi adabiy jarayon xususida meni oʻyga toldirayotgan muammolar juda koʻp, biroq, ular ichida eng muhimi — soʻz san’atidagi muammolarning muammosi — shaxs jumbogʻi, fe’l-atvori, ruhiyati, koʻngil oʻyinlari, boringki, xilma-xil badiiy talqini masalasi.
— Shaxs jumbogʻi hamisha adabiyotning bosh muammosi boʻlib kelgan. Xoʻsh, bugungi adabiyotimizda bu borada qanday yangi jarayonlar kechayotir?
— Bugungi jarayonlar xususida gapirishdan oldin tarixga bir nazar tashlab oʻtsak. XX asr yangi oʻzbek adabiyoti shaxs talqini bobida alohida bosqichni tashkil etadi. Muayyan sabablarga koʻra, asr adabiyotida shaxsni ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida koʻrsatish ustivorlik qildi. Shunga qaramay, «Oʻtgan kunlar», «Kecha va kunduz», «Sarob», «Shum bola», «Surat», «Xotiram siniqlari» kabi asarlarda, Choʻlpon, Oybek, Gʻ.Gʻulom, Zulfiya, Mirtemir, Asqad Muxtor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Husniddin Sharipov, Rauf Parfi kabi shoirlarning «sof koʻngil lirikasi»da inson shaxsi, ruhiyatining hech qanaqa «ijtimoiy mezonlar» qolipiga sigʻmaydigan shu qadar nozik, xilma-xil jilolari aks etganki, ularni XX asr jahon adabiyotining eng sara namunalari qatoriga qoʻyish mumkin.
— Shundayku-ya, biz oʻqigan kezlari adabiy qahramonlarni ijtimoiy mavqeiga qarab baholash, keskin ravishda «ijobiy» va «salbiy» qahramonlarga, «biznikilar» va «bizga yot» personajlarga ajratish odat tusini olgan edi.
— Bilasizmi, goho bu ikki guruhdan tashqari, «murakkab qahramonlar» ham tilga olinar, ularga esa mensimayroq qaralar, bu hol «yozuvchi pozitsiyasining noaniqligi», «katta kamchiligi‘ deb qaralardi. Xudoga shukur, bunday ibtidoiy yondashishlar ortda qoldi.

Oʻtgan yili Oslodagi Nobel instituti oʻtkazgan soʻrovda «Don Kixot" jahon adabiyotining butun tarixidagi eng yaxshi badiiy asar deb topildi. Soʻrovda ishtirok etgan hozirgi zamonning yuz nafar mashhur adibi birinchi oʻrinni shu asarga berishni lozim koʻrishdi. Nega shunday? Jahon adabiyoti tarixida buyuk asarlar koʻp. Biroq inson zotini jamiki ziddiyatlari bilan koʻrsatishda chindan ham bu romanga tenglasha oladigan boshqa biror asarni topish qiyin. Insonning buyukligi ham, tubanligi ham, tantanasi-yu magʻlubiyati ham, tragik va komik mohiyati ham — barcha-barchasi shu bir gʻaroyib afanditabiat shaxs Don Kixot siymosida nihoyatda yorqin, betakror ifodasini topgan.
— Boya Siz XX asr adabiyotida inson shaxsiga «ijtimoiy yondashuv» mezonlari qolipini yorib chiqqan asarlar ham borligi xususida gapirib oʻtdingiz. Malol kelmasa, bir-ikki misol keltirsangiz.
— Qodiriy, Choʻlpon, Qahhordan istagancha misol keltirish mumkin. Bu yerda ular haqida emas, keyinroq yaratilgan birgina asar, aniqrogʻi, Erkin Vohidovning 1973 yili yozgan «Inson» qasidasi ustida ozgina toʻxtalib oʻtsam. Mazkur she’r qasida janrining yangi namunasigina emas, mening nazarimda, XX asr oʻzbek adabiyotida inson shaxsiga, uning tub mohiyatiga yangicha yondashuv boshlanayotganidan dalolat beruvchi adabiy hujjat sifatida ham qimmatlidir.

She’r qasida ruhida inson madhi, insonni ulugʻlovchi satrlar bilan boshlanadi. Shoir shu inson qudrati, xususan, uning XX asr fan-texnika revolyutsiyasi sharoitidagi imkoniyatlari xususida soʻz ochib, koinot sahrosida karvonu sarbon, keng jahon uning kaftida ekanini aytadi. Inson izmidagi bu yorugʻ dunyo nadur, degan savolni qoʻyadi-da, keskin va shafqatsiz ravishda «koshonadur, vayronadur», deya javob qiladi. Shu satrlardan boshlab she’rda madhiya ohangi chekinadi, shoirning ham faxr-iftixor, ham afsus-nadomatlarga toʻla armonli nolasi yangray boshlaydi, bu yorugʻ dunyo, uning sultoni sanalmish zot — insonga xos ham kuchli, ham ojiz, musbat va manfiy jihatlarini, jamiki ziddiyatlarini ochishga kirishadi:

Bunda oq birla qaro,
Zulmat, ziyo, shohu gado
Jang qilurlar doimo,
Ul yon oʻzing, bul yon oʻzing.
Sen balo, ham mubtalo,
Xayr ila kin, rostu riyo,
Fitnagar olam aro
Fatton oʻzing, qurbon oʻzing.

Inson zotiga xos shu tarzdagi ziddiyatli ta’rif-tavsif davom etadi: inson goh adolat, goh adovat qoʻynida, oʻz dilining dargohida esa goh shayton, goh gʻilmon; jon borki qasdi jon, qotil ham, qurbon ham, hayot ummonida qatradek sarson ham, gardon ham — shu insonning oʻzi! Mash’ali fikrat ham, changali vahshat ham — shu insonning oʻzi! Ona-zamin taqdiri shu ulugʻ va ojiz zot — insonning oʻz qoʻli, ixtiyorida. Shoir insonning inson degan ulugʻ nomga munosib boʻlishi, farzandlik burchiga sodiq qolishi, zamin dardiga darmon, unga qalqon boʻlishini tilaydi. Shoir insonni barcha ziddiyatlari, kuchli va ojiz tomonlari ila ta’riflamasin, baribir, uning imkoniyatlariga, dahosiga, istiqboliga ishonch bilan qaraydi, inson nomini hamisha oʻkinch, armon aralash yoniq bir mehr bilan qalamga oladi.

«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati»da shu yil e’lon etilgan Abduvali Qutbiddinning «Barokko» turkumi bugungi she’riyatimizda inson dramasini ichdan koʻrsatish, inson qalbining hech qanaqa qolip, sarhadlarni tan olmaydigan asov tuygʻularini teran ifodalash jihatidan hodisadir.
— Nasrda-chi, nasrda nimalar boʻlayapti?
— Qiziq bir hol: bugun adabiyot tarixidagi eng yaxshi asar deb tan olingan roman qahramoni dramasi asosida e’tiqod fojiasi yotadi. Don Kixot ritsarlik romanlari dunyosiga shoʻngʻib, ritsarlik aqidalari ruhi bilan yashayotgan odam, u shu aqidalarni amalga oshirish maqsadida real hayot sahnasiga chiqadi, shu tariqa uning e’tiqodi — orzu-intilishlari bilan real hayot orasidagi gʻaroyib ziddiyatlar silsilasi boshlanadi. Qarang, mana shu mangu muammo boshqacharoq tarzda bugungi adabiyotda ham davom etayapti. Keyingi yillari yozilgan va ayrim bahs-munozaralarga asos boʻlgan Sh.Boʻtaevning «Shoʻrodan qolgan odamlar», Togʻay Murodning «Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi» asarlari qahramonlari fe’l-atvorlari va qismatida Don Kixotni eslatadigan nimalardir bor.
— «Jahon adabiyoti» jurnalining oʻtgan yilgi sonlarida rus adibi V.Voynovichning «Monumental targʻibot» romani tarjimasi e’lon qilindi. Bu roman qahramoni bilan Togʻay Murodning «Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi» asaridagi Botir firqa orasida hayratda qolarli darajada yaqinliklar bor...
— Deyarli bir davrda bir-birlaridan mutlaqo bexabar holda dunyoning ikki chekkasida yashayotgan ikki adibning romani qahramonlaridagi «hayratda qolarli» darajadagi oʻxshashlik va har ikkisidagi mushtaraklik jahonning eng yaxshi asariga borib tutashishi... Bu — soʻz san’ati rivojidagi, adabiy jarayondagi tushunish va tushuntirish mushkul boʻlgan sir-sinoatlardan biri, balki eng qizigʻi. Bunday gʻaroyib holatlarning sodir boʻlishida qandaydir qonuniyatlar bormikan, bular zamona zayli, davr ruhi, bugungi bashariyat, jumladan, ijod ahli tafakkuri tarzidagi xos xususiyatlar oqibati emasmikan, degan oʻylarga borasan, kishi.

Darhaqiqat, «Monumental targʻibot»dagi Aglaya bilan «Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi» romanidagi Botir firqa, biri ayol, ikkinchisi erkak ekanligini mustasno etganda, koʻp jihatdan bir-birlariga yaqin: ikkalovi ham deyarli tengdosh, 20-yillar oxiri — 30-yillari tarix sahnasiga chiqqan, butun vujudi kommunistik mafkura, e’tiqod gʻoyasi bilan yoʻgʻrilgan, shu e’tiqod yoʻliga jonini tikkan, kompartiya arbobi — raykom kotibi darajasiga koʻtarilgan, mustabid tuzum siyosatini amalga oshirishda sobit turgan ikki arbob bu yoʻlda hech kimni, oʻzlarini ham, oʻzgalarni ham ayamagan. Har ikkisiga ham uzoq umr nasib etdi. Ular deyarli asr tengdoshi. Asr oxiriga kelib, ular amal qilgan e’tiqod sarob boʻlib chiqdi, ular oʻz qoʻllari bilan yaratgan haybatli qasrlar birin-ketin qulab tusha boshladi, biroq ular otdan tushsa ham egardan tushishni istamadilar, ular tagi puch e’tiqodlariga sodiqligicha qoldilar. Ularning fojiasi, ham ayanchli, ham kulgili qismati ana shu jarayonda juda yorqin namoyon boʻladi. Shunisi muhimki, har ikki asarda ham soxta e’tiqod qurbonlarini oshkora qoralash, masxaralash, fosh etishga urinish yoʻq; ikkala asar muallifi ham qahramonlarini bir tirik inson sifatida tushunib, ularga ham oson emasligini, ularning tashvishlarida muayyan asoslar ham borligini chin dildan his etib, qalam tebratadilar. Har ikki asar qahramonlari ham realizmning bugungi kundagi noyob ehsoni, ikkalovi ham xuddi tirik inson sifatida bor fe’l-atvori, dardi-dunyosi bilan koʻz oldingizda «mana men» deb turadi.

Mushtarak jihatlariga qaramay, har ikkisi ikki olam: Aglaya — rus ayoli, rus zamini odami; Botir firqa esa sof oʻzbek farzandi. Aglaya nogahon portlash oqibatida oʻz e’tiqodining ramzi, necha yillar ne-ne mashaqqatlar bilan xonadonida asrab-avaylab kelgan dohiy haykali ostida qolib halok boʻladi. Botir firqa — bundan-da ogʻirroq qismatga mubtalo: u poyoni va yechimi yoʻq muammo hamda iztiroblar girdobida yashashda davom etadi...

Men uchun Botir firqa obrazi har qancha ardoqli boʻlmasin, Aglayaning badiiy koʻlami kengroq, asardagi ifoda yoʻllari esa rang-barang ekanligiga havasim keladi. Ayni paytda, muayyan kam-koʻstlariga qaramay, baribir, Botir firqa obrazi bugungi oʻzbek adabiyotida oʻziga xos hodisadir...
— Shaxs e’tiqodi, fojiasi talqini Ulugʻbek Hamdamning «Muvozanat» romanida ham bor. Men asardagi Amir obrazini nazarda tutayapman.
— «Muvozanat»dagi Amir ham e’tiqod qurboni. Biroq, Amir fojiasining ildizlari oʻzgacharoq. Aglaya va Botir firqa tarix sahnasidagi oʻtkinchi, tagi puch gʻoyalarga aldangan kimsalar boʻlsa, Amir — mangu barhayot diniy-islomiy e’tiqod odami. Paygʻambarimiz oʻz ummatlariga: «Ey, insonlar, din ishlarida haddan oshishlikdan saqlaninglar! Sizdan avvalgi ummatlarning halokatiga din ishlarida haddan oshganliklari sabab boʻldi», — deb vasiyat qilganlar. Amir fojiasi — din, diniy-islomiy e’tiqod bobida haddini bilmagan mutaassib odamning fojiasi. Amirning ayanchli qismati diniy-islomiy qadriyatlarni tiklash jarayonida yuzaga chiqqan bandai ojizlikning bir koʻrinishi. Aslida ziyoli — muallim, yaxshigina shoir boʻlgan bu odam dunyo ishlari, tashvishlaridan butunlay yuz oʻgirib, faqat taqvo, toat-ibodat, boriga shukur qilib, faqirona kun kechirish yoʻlini tutadi; oʻzi qolib, oʻzgalarni ham shu yoʻldan borishga majbur etadi, hatto oʻzgacha qarashdagi otasi, onasiga, ogʻa-inilariga, yaqinlariga ham kun bermaydi, ertayu kech ibodat bilan boʻlib, tanglik sharoitida oilasini, kasalmand turmush oʻrtogʻini, farzandlarini mushkul ahvolga solib qoʻyadi. Holbuki, ustoz koʻrmagan chalasavod bu odam chillaga oʻtirmasin edi; telba bir holatda darbadar togʻ safariga chiqib, nogohon doʻzax azobiga duch keladi, oʻgʻrilikda gumon qilinib, sharmandalarcha sazoyi etiladi...

Romandagi eng yorqin, kontseptual personajlardan biri shu Amir obrazidir, Amir yosh yozuvchining chindan-da badiiy yutugʻidir.
— Romandagi Yusuf, Said, Mirazim ham yorqin xarakter, kontseptuallik bobida Amirdan qolishmasa kerak...
— Albatta. Lekin baribir, Amir obrazining asardagi oʻrni, maqomi oʻzgacha, beqiyos...
— Umarali aka, hozircha biz bugungi nasr personajlarini biroz umumiyroq yoʻsinda, aniqrogʻi, ularda tajassum topgan badiiy kontseptsiyaga qarab baholayotirmiz. Bunga e’tirozim yoʻq. Ammo asarda personaj qismati bilan bogʻliq shunday lavhalar, hatto kichik detallar boʻladiki, ular personajning bor bisotini chaqmoqdek yoritib yuboradi...
— «Muvozanat»da shunday bir lavha bor. Oʻgʻrilikda gumon qilinib, choʻponlar tomonidan qip-yalangʻoch holda yoʻl yoqasidagi ulkan toshga chirmab tashlangan Amir uyat, xoʻrlik, kaltak azobidan ham koʻra tashnalikdan qattiq aziyat chekadi. Foniy dunyoning lazzatlaridan yuz oʻgirib, taqvo yoʻlini tutgan bu kimsa ajal yoqasiga kelib qolganida osmondagi bulut parchasi bir qur savalab oʻtgan yomgʻirdan oʻziga kela boshlaydi. Mana, uning oʻsha topdagi holati: «U tamshanib, lablarida hali qurib ulgurmagan yomgʻir tomchilarini yutoqib yaladi va cheksiz lazzat tuydi, bundan hatto boshi gir aylandi» (ta’kid bizniki — U.N.). Qarang, Amir qanchalik taqvodor, mutaassib, gʻoya odami boʻlmasin, baribir inson bolasi sifatida shu yorugʻ dunyoning bir tomchi suviga zor ekan-ku, undan cheksiz lazzat tuyar ekan-ku?! Amir tutgan yoʻlning gʻayritabiiy, gʻayriinsoniy ekanini bundan-da oshirib ifodalash mumkinmi?!
— Lekin, baribir, u taqvodorligicha qoladi, shu topda u oʻzini jannatda deb his etadi. Muallif: «Negadir xayolida «jannat» soʻzi chaqnadi», — deb yozadi.
— Amirning fojiasi ana shunda-da. U pand-nasihat, hayotning shafqatsiz saboqlari tufayli darhol oʻzgarib qoladigan banda emas. Ana shu Siz keltirgan jumlada ham bu shaxsning kimligi, oʻjar tabiati yaqqol koʻrinib turibdi.
— Amirni shartli ravishda «kitobiy odam» deb atash mumkin. «Muvozanat»dagi markaziy personaj Yusuf esa «tabiiy odam», zamon kishisi ekani bilan ajralib turadi.
— Yusufda ham muayyan e’tiqod mavjud, u diniy qadriyatlar ahamiyatini aslo rad etmaydi, ammo u, avvalo, dunyoviy fan, zamon kishisi; hayotini millatning haqiqiy tarixini yaratish yoʻliga tikkan, zamonni, davr oʻzgarishlarini teran his etadigan tarixiy jarayon, yurt istiqboli haqida mustaqil qarashlarga ega yetuk bir shaxs. Bozor iqtisodi munosabatlariga oʻtish davri toʻfonlari bu yigit boshqargan hayot kemasini shafqatsiz sinovlarga duchor etadi. Mana shu toʻfonlar girdobida u boshqargan kema sohilning goh u, goh bu tomoniga borib keladi. Bu yigit koʻpdan-koʻp mushkul savdolarni boshdan kechiradi, moddiy muhtojlik jabrini tatiydi, oilasi, farzandidan ajraladi, muayyan muddat sevgan kasbidan ketadi, tabi suymagan yumushlarni ado etishga majbur boʻladi. Roman muhokamasi payti Yusufdek yetuk ziyolining oʻz insoniylik sha’nini toptab, tirikchilik deb, shu xil koʻchalarga kirishi xususida e’tirozlar ham bildirildi. Nachora, buni hayot, deydilar. Agar Yusuf qismati, ruhiyatidagi jarayonlar tasvirini sinchiklab kuzatsangiz, u ne-ne oʻy-xayollarga bormasin, turli-tuman koʻchalarga kirib chiqmasin, goho adolatsizlik, nochorlik tufayli har qancha oʻrtanmasin, baribir qalbining tub-tubida oʻzligiga, adolat tuygʻusiga sodiqligicha qoladi, millat, yurt qaygʻusi haqida oʻylashdan bir zum ham toʻxtamaydi...
— Yana bir masala xususida fikringizni bilmoqchi edim. Mening kuzatishimcha, keyingi yillar oʻzbek adabiyotida inson umrining eng soʻnggi daqiqasi — oʻlim tasviri, talqinida ham qandaydir oʻzgarish, yangilanish sodir boʻlayotganday...
— Qarangki, shoʻro davri adabiy siyosati hatto inson umrining eng soʻnggi daqiqasi — oʻlim, hijron tasviriga ham ta’sirini koʻrsatgan edi; hijron va oʻlimni tasvirlash qaltis ish sanalardi, asarni mumkin qadar judoliklarsiz, optimistik tarzda yakunlash urf boʻlgandi, mabodo hijron, oʻlim qalamga olingudek boʻlsa, u, albatta, kommunistik mafkura, siyosat ruhi bilan yoʻgʻrilgan boʻlishi darkor edi.

Soʻnggi yillari adiblarimiz jahon adabiyotining bu koʻhna muammosini yangicha, aniqrogʻi, umumbashariy miqyoslarda turib, chin insoniy nigoh bilan yoritish yoʻliga dadil oʻta boshladilar. Zulfiyaning «Xotiram siniqlari», Said Ahmadning «Qorakoʻz majnun», «Oftoboyim» hikoyalari, Omon Muxtor, Ulugʻbek Hamdam romanlari, iste’dodli shoirlarimizning oʻnlab she’rlari da’vomizga misol boʻla oladi.
— Milliy universitetda «Muvozanat» muhokamasiga bagʻishlangan anjumanda asardagi oʻlim tasviri talqini xususida aytgan mulohazalaringiz tinglovchilarda qiziqish uygʻotdi...
— Romanda bir emas, uchta oʻlim tasviri bor. Uchalasi uch xil ruhda talqin etilgan. Chaqaloq oʻlimi tasvirlangan 54-bobga har gal qayta koʻz tashlaganimda qalbimda titroq turadi. Ilk bor shu bobni oʻqiganimda kechki soat oʻn ikkilar edi. Keyin roman mutolaasini davom ettirolmadim. Tuni boʻyi mijja qoqmay chiqdim. Koʻz oldimda — qishloq kasalxonasi koridorida iztirob va umid bilan Oygul yonida oʻtirgan Yusuf. Ichkarida — palatada jon talashayotgan goʻdak. Shu orada shifokorlarning jarangdor kulgisi, jon talashayotgan goʻdak tepasida turib, bir-birlariga latifa aytib kulishlari. Ular orasida shahardan kelgan taniqli vrach — Yusufning bolalik doʻsti Mansurning ham borligi, shifokorlarning Yusufga «mehribon»chiligi — koridorga chiqib turishni maslahat berishlari — goʻdak «tayyor boʻlgan»da chaqirajaklari... Bunday «iltifot»dan Yusufning yarador sherdek hayqirishi, odam shaklidagi maxluqlarga hamlasi, toʻs-toʻpolon paytida maxluqlar qallobligining oshkor boʻlishi... Bulardan ham dahshatlisi, ota va ona, yaqinlar diydoriga zor holda jon taslim etolmay yotgan goʻdak holati; tepasida yaqinlari, ota-onasi paydo boʻlganini sezgan goʻdakning qaboqlarini ochib dovdirashi, oʻziga qarab turgan chehralarga bir-bir boqishi, goh onasi, goh otasiga talpinishi, nihoyat, u dadasida qoʻnim topishi, majolsiz holda: «Dada», — deya shivirlashi, koʻzlaridan soʻnggi ikki tomchi yoshning chekkasiga yumalab tushishi... Bu yerda hech qanaqa sentimental chuchmallik yoʻq. Balki mardona, shafqatsiz haqiqat bor! Chaqaloqning shu soʻnggi: «Dada», — degan majolsiz shivirida, koʻzlaridan dumalab tushgan ikki tomchi yoshda butun olamni larzaga solgudek drama bor! Oʻz nasli, zurriyoti taqdirini odam shaklidagi maxluqlarga, yulgʻichlarga topshirib qoʻygan otagagina emas, umuman, nokomil inson zotiga malomat bor!..

Gulshodaning oʻlimi tasvirida biz boshqacha kayfiyatga tushamiz. Turmush mashaqqatlaridan, mutaassib erning telbalarcha nagʻmalaridan, xastalik azoblaridan sabr kosasi toʻlib-toshgan bu ayol oʻzini oʻzgalarga ortiqcha yuk sanab, oʻz joniga qasd qiladi, oʻzini osadi. Biroq u jon talvasasi paytida katta gunohga qoʻl urganini, qilayotgan ishining butun dahshatini birdan anglab yetadi, ahdidan qaytib, boʻynidagi sirtmoqdan chiqishga urinadi. Afsus, vaqt oʻtgan edi, uni ajal oʻz komiga tortib ketadi. Gulshoda halokati Sizda qandaydir armon-oʻkinch, afsus-nadomat tuygʻusini uygʻotadi. Qanchalar mushkul boʻlmasin, inson zoti bu yorugʻ dunyoda umri oxirigacha yashashga, kurashishga majbur, oʻz joniga qasd qilish, baribir, gunohi azim...

Romandagi keksa ena oʻlimi ifodasi esa qisman A.Kamyuning «Begona» qissasidagi talqinni yodga tushiradi. Qiziq hol: bu yorugʻ dunyoda yoshini yashab, oshini oshab oʻtgan kampir oʻlimi tufayli yaqinlari aza ochishadi, bel bogʻlab jamiki rasm-rusumlarni joyiga qoʻyishadi, lekin ularning har biri, jumladan, Yusuf ham bu oʻlimni ichda loqayd qabul qiladi. Azadagi barcha odamlar kabi Yusuf xayoli ham oʻz tashvish-muammolari bilan band...
— Suhbat asnosida bir muhim haqiqatga iqror boʻldim: adabiy jarayon bilan barobar adabiy-tanqidiy fikr ham betinim oʻzgarib, yangilanib borayapti. Bugungi adabiy tanqid oʻn yil, hatto besh yil burungi tanqid emas. Hozirgi nazariy qarashlar, talqinlar ham boshqacha. Oxirida bir sub’ektiv — xususiy savol: mana shunday oʻzgarishlar sharoitida Siz oʻzingizni qanday his qilayapsiz?
— Bu savolingizga yapon adibi Yasunari Kavabataning soʻzlari bilan javob bersam. «Men, — deydi u, — oʻz tajribamdan shuni yaxshi bilamanki, vaqt oʻtishi bilan qarashlar oʻzgaradi, oʻtmishdagi va hozirgi yozuvchilar haqidagi, xususan, oʻz yozganlaring haqidagi fikrlar oʻzgaradi. Ba’zan bunday oʻzgarishlar hayron qolarli tarzda kechsa, ba’zan sezilar-sezilmas holda oʻtadi. Butun umri boʻyi faqat bir xil qarashlar bilan yashagan adabiy tanqidchi yo daho boʻladi yoki tentak». Bundan oshirib bir narsa deyish qiyin. Bugungi kunda bizda daholikka da’vogar birorta ham munaqqid yoʻq. Tentak boʻlishdan esa Ollohning oʻzi asrasin!

Suhbatdosh: Sherali Sokin