OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmarali Normatov
Asar nomiQodiriy haqida qaydlar
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Umarali Normatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 21-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qodiriy haqida qaydlar
Umarali Normatov

«Oʻtkan Kunlar» va Qoʻrquv Saltanati

XX asr oʻzbek nasrining shoh asari «Oʻtkan kunlar» romani ilk bor 1922 yili «Inqilob» jurnali sahifalari orqali dunyo yuzini koʻra boshlagan edi. Oʻsha daqiqalardan e’tiboran bu asar millatning har bir ziyolisi, kitobxoni ruhiyatiga, ma’naviyatiga, qolaversa, shaxsiy hayoti va taqdiriga qaysidir darajada daxldor.

1952 yilning kech kuzi. Hozirgi Amir Temur xiyoboni yonginasida joylashgan SAGU (bugungi Milliy universitet) binosining ikkinchi qavatidagi katta oʻquv zalida «Adabiyotshunoslikka kirish» fanidan ma’ruza oʻqilmoqda. Ikki yarim oylik paxta terimi hasharidan qaytgan, ma’ruzalarni sogʻinib qolgan biz — filologiya fakultetining birinchi kurs talabalari — 64 ta jon bir tan boʻlib butun vujudimiz quloqqa aylanib dotsent Zikriyo Mirhojiev soʻzlarini tinglab oʻtiribmiz. Shu payt birdan bino qasir-qusur, derazalar shaqir-shuqur boʻlib, zalda qiy-chuv koʻtarildi. Mirhojievning qiziq odati boʻlardi. Ma’ruza oʻqiyotganida doimo yurib, auditoriyaning u boshidan bu boshiga betinim borib kelardi. Ana shu toʻs-toʻpolon onlarida ham domla odatini tark etmay, shitob bilan yurishda davom etdi. Shunda qizlar: «Domla, yer qimirlayapti, zilzila boʻlyapti!» deb uvvos soldilar. Domla esa parvo qilmay yurib turib: «Okoʻsi, nima qilibdi, yer boʻlgandan keyin qimirlaydi-da!» dedilar. Auditoriyada birdan gurros kulgi koʻtarildi va shu orada yer silkinishi ham tindi.

Oradan bir hafta oʻtib, yana «Adabiyotshunoslikka kirish» darsi, domlaning oʻsha-oʻsha shitob bilan yurib turib ma’ruza oʻqishlari... Bu galgi dars oʻzgacha tarzda tugadi. Oramizda Samarqandning qaysidir tumanidan kelgan Sarimsoqov degan nihoyatda koʻp oʻqigan, kitob jinnisi boʻlardi. Ismi xotiramdan koʻtarilibdi. Yaqinda kursdoshim Sherali Turdievdan surishtirsam, u ham ismini eslolmadi. Har bir darsda u albatta domlalarga qandaydir savol berar, koʻpincha qaltis savoli bilan manaman degan professorlarni ham dovdiratib qoʻyardi. Bu gal ham shunday boʻldi. Dars oxirida: «Julqunboy degan yozuvchining «Oʻtkan kunlar» nomli romani bor ekan. Shu haqda ma’lumot bersangiz», deb qolsa boʻladimi! Shunda nima boʻldi deng? Hamisha, hatto tahlikali zilzila paytida ham betinim yurib turadigan Mirhojiev domlamiz taqqa toʻxtab, savol bergan talabaga angrayib-boʻzarib qaradilar. Bir necha daqiqalik sukutdan soʻng domla: «Okoʻsi, komsomolmisan?» deb soʻradilar. Tasdiq javobini olgach: «Komsomol sovet studenti davlat universiteti auditoriyasida bunaqa savolni bermaydi, kommunist sovet dotsenti bunaqa provakatsion savolga javob qaytarmaydi», dedi qat’iy qilib. Oʻquv zalida oʻtirgan talabalarning dami ichiga tushib ketdi.

Ertasi kuni qaltis savol bergan kursdoshimiz darsda koʻrinmadi. Toʻrt yil daraksiz ketdi. 1956 yil bahor kunlaridan birida u Chorsudagi yotoqxonamizga egnida fufayka, oyogʻida kirza etik aftodahol holda kirib keldi. Nima kor-hol boʻlganini biz ham soʻramadik, u ham aytmadi. Orada qandaydir hadik, qoʻrquv hukm surardi, gap gapga qovushmadi. Buni sezdi shekilli, xushlamagan mehmonimiz: «Safardan qishloqqa qaytishda sizlarni bir koʻrib oʻtay dedim», deya tezgina xayrlashib yoʻlga otlandi. Oʻtgan toʻrt yil davomida «Oʻtkan kunlar», «Julqunboy» soʻzlarini tilga olish tugul, hatto bu nomlarni eslashga ham qoʻrqardik. Garchi tasodifiy uchrashuvda bu nomlar tilga olinmagan boʻlsa-da, birdaniga ular xayolimizni chulgʻab oldi. Bu paytga kelib «xalq dushmanlari» sanalmish adiblar, jumladan, Qodiriyga munosabat qisman oʻzgara boshlagan, lekin baribir yurtda qoʻrquv saltanati kezib yurardi.

«Qalliq Oʻyin» Sururi

«Dilxiroj» filmi, «Qalliq oʻyin» spektakli tomoshasi payti birdan oʻzimning nikoh toʻyim bilan bogʻliq voqealar yodimga tushdi. Toʻrt yillik Konibodom pedbilim yurti, besh yillik SAGU ta’limidan soʻng Fargʻona viloyatidagi shoir Muqimiy «Kim koʻrsa hangu mang ekan» deb ta’riflagan ona qishlogʻim Rapqonga, ota-onalarim bagʻriga borib maktabda oʻqituvchilik qila boshladim. Ota-ona orzusi, qolaversa, oʻz maylim oqibati oʻlaroq Beshariqdagi mashhur ziyolilardan Isoqov domlaning toʻngʻich qiziga uylanadigan boʻldim. Oʻzimiz «yangicha» boʻlsak-da, nikoh toʻyimiz «eskicha», qishloq udumlari boʻyicha oʻtdi. Oʻsha kezlari bizda ham «qalliq oʻyin» boʻlardi, biroq «Dilxiroj» va «Qalliq oʻyin» asarlaridagidan biroz oʻzgacharoq oʻtardi. Kuyovnikidagi bazmdan soʻng joʻralari hamrohligida kuyov kelinnikiga yoʻl olar, u yerda ham qisqa, lekin joʻshqin bazm-ziyofat boʻlar, yor-yorlar, oʻlanlar aytilar, soʻng kuyovjoʻralar kelin-kuyov uchun palaklar bilan bezatilgan xos xonada kuyovni yolgʻiz qoldirib joʻnab qolishardi. Nikoh, soʻng eng hayajonli, «Oʻtkan kunlar»da tasvirlanganidek kelin bilan kuyovning ilk visol damlari boshlanar, kuyov uch kungacha kelin xonadonida qolib ketar, undan keyin haftasiga ikki bor to «kelin tushirar» marosimiga qadar oylab kelinnikiga qatnar, bu «qalliq oʻyin» deb atalar, bu kunlar yigit bilan qizning eng totli damlari sanalardi. Shaxsan men oʻsha kunlarni umrimning eng fayzli onlari, deb bilaman.

Qarangki, turmush oʻrtogʻim ham oʻzimga oʻxshash kitob shaydosi ekan, ilk suhbatimiz kitobdan boshlanib, nuqul kitob ustida davom etdi. Bildimki, yaqinginada oʻrta maktabni bitirgan 17 yoshli bu qizning oʻqimagan kitobi qolmagan. Faqat ruschaga, arab yozuvidagi kitoblarga tishi oʻtmas ekan. Mening arabcha yozuvdan xabardorligimni bilgach, xona toʻridagi taxmonga joylashgan sandiqni ochib, shohi roʻmolga oʻrogʻliq bir kitobni olib, menga tutqazdi. Ochib, ne koʻz bilan koʻrayki, ilk muqovasida Kumushbibi surati solingan «Oʻtkan kunlar» — uchta alohida kitobdan iborat oʻsha noyob xazina! Veneraxon buni oʻqib berasiz, deb yopishib oldi, men jon deb uning amriga boʻysundim. Boshda bir daqiqa qoʻrquv saltanati koʻngilga gʻulgʻula soldi, biroq roman qa’riga kirib borgan sari qoʻrquvdan asar ham qolmadi. Uch kecha-kunduzlik «qalliq oʻyin»imiz shu tariqa asosan «Oʻtkan kunlar» mutolaasi bilan oʻtdi. Shu kunlardan boshlab har ikkimiz ham bir umrga «Oʻtkan kunlar» shaydosi va targʻibotchisiga aylandik. Men tanqidchi-adabiyotshunos sifatida «Oʻtkan kunlar», umuman Qodiriy ijodi boʻyicha ikkita kitob, koʻplab maqolalar e’lon etdim. Veneraxon Milliy universitet filologiya fakultetini tugatib, 30 yil maktabda dars bergan boʻlsa, asosiy darsi «Oʻtkan kunlar», «Mehrobdan chayon» tevaragida borgan. Dastur va darslikdagi «Ona» romani, «V.I.Lenin» poemasi, «Yoʻlchi yulduz» singari mavzularni apil-tapil nomigagina oʻtib, ularga ajratilgan soatlarni ham Qodiriy romanlariga bagʻishlagani uchun necha bor dakki ham eshitgan. Eng sevimli nabiralariga Qodiriy qahramonlariga ehtirom yuzasidan shaxsan oʻzi Otabek, Ra’no ismlarini qoʻygan.

Haqiqat Nafsoniyatdan Ulugʻ

«Qodiriy bogʻi» kitobining bir necha oʻrinlarida ustoz Izzat Sultonov fikrlari bilan keskin munozaralar bor. Menga koʻp yaxshiliklar qilgan, ham nomzodlik, ham doktorlik dissertatsiyalarimga rasmiy opponent boʻlib, meni qoʻllab-quvvatlagan ustoz oldida xijolat tortib, bu kitobni domlaga tuhfa etishdan iymanib yurardim. Shu orada ustoz uyimizga telefon qilib, birdan: «Qodiriy bogʻi»ni oʻqidim. Tabriklayman!» dedilar. Dovdirab qolganimni sezdilar shekilli, domla aytdilar: «Bir «doʻstimiz» Qodiriy haqidagi kitobida Umarali Sizni rosa doʻpposlabdi, deb vahima qildi. Hech vahima qiladigan joyi yoʻq. Siz bildirgan e’tirozli oʻrinlarni oʻzim tuzatishim kerak edi. Aslida mening maqolamdagi Qodiriydan zamonaga mos jihatlarni qidirish oʻsha kezlarda ulugʻ adibni himoya qilishning bir yoʻli — usuli boʻlgan. U davrlar oʻtdi, endi Qodiriy haqidagi bor haqiqatni aytish, yozish imkoni keldi. Shu ishni Siz qilibsiz, muborak boʻlsin. Qodiriy haqidagi haqiqat Sizu bizning nafsoniyatimizdan yuqori turishi lozim. Qodiriy va haqiqat himoyasi yoʻlida meni har qancha tanqid qilsalar, bundan zarracha xafa boʻlmayman...»

Bu soʻzlarni eshitib lol boʻlib qoldim. Chinakam ustozlar qalbi naqadar keng, adolat, haqiqat tuygʻusi ular uchun har narsadan muqaddas! Afsus, biz hali ular darajasiga yetishimizga bir necha qovun pishigʻi bor.

Adibning Tugʻilgan Oy-Kuni

Abdulla Qodiriy tarjimai holida: «yaqinlarimning soʻzlariga qaraganda, mustabid Nikolayning taxtga oʻtirgan yilida tugʻilgʻonman», deb yozadi. Tarixdan ma’lumki, Nikolay II — Rossiyaning oxirgi imperatori 1894 yili taxtga oʻtirgan; demak, Qodiriy ayni oʻsha yili dunyoga kelgan. Adib tugʻilgan yilning oy-kuni xususida yozuvchining katta oʻgʻli Habibulla Qodiriy «Otam haqida» kitobida «Qaybir vaqt dadamdan: «Qaysi oy-kunda tugʻilgansiz?» deb soʻraganimda, u kishi kulib, «Oʻrik gulida tugʻilganman. Taxminan oʻninchi aprelda boʻlsa kerak», deganlari yodimda...» Habibulla akaga shu xususda e’tiroz bildirib, oʻttiz yildan beri Toshkentda yashab, biror marta aprel boshlarida oʻrik gullaganini bilmayman, odatda oʻrik mart oyida gullab 10 aprel atrofida dovuchcha tugib boʻladi. Bu paytda esa olma, aniqrogʻi behi qiygʻos gulga kiradi. Dadangiz «behi gulida» deb aytmaganmikanlar, deganimda, u kishi: «Darvoqe, gapingizda jon bor, ehtimol, dadamning soʻzlarini yanglish eshitgandirman, shu jumlani tuzatib qoʻyish kerak ekan», deya javob qaytargan edilar.

«Oʻtkan Kunlar» Qachon Yozib Tugallangan?

«Oʻtkan kunlar» ilk bor «Inqilob» jurnali orqali dunyo yuzini koʻra boshlagan boʻlsa-da, asar oldinroq — 1920 yili yozib tugatilgan. Buni tasdiqlovchi hujjatlar bor.

Birinchisi: «Inqilob» jurnalining 1922 yil 9-10-qoʻshma sonida e’lon etilgan «Oʻtkan kunlar»dan boblar avvalida «Yozgʻuvchidan» deb nomlangan soʻz boshi — izohnoma keltiriladi. Unda: «Toshkand, dekabr, 1920 nchi yil» degan ma’lumot bor. Keyinchalik «Oʻtkan kunlar»ning kitob holidagi nashrida ham oʻsha soʻz boshi — izohnoma bir oz tahrirlar bilan berilgan. Biroq oxiridagi makon va sanaga oid ma’lumot negadir tushirib qoldirilgan.

Adabiy tajribadan bilamizki, bu xildagi soʻz boshi — izohnoma odatda asar yozib tugatilgandan keyin bitiladi. «Mehrobdan chayon»da ham ayni shunday.

Ikkinchisi: «Oʻtkan kunlar»ning 1925 yilgi alohida kitob holida chiqqan birinchi boʻlimiga soʻngsoʻz tariqasida yozilgan «Uzr» sarlavhali izohnomada «Roʻmon deb sizga taqdim qilingʻan bu narsa dunyogʻa kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlagʻan edi: besh yillab bosila olmay yotdi» deyiladi.

Uchinchisi: «Oʻtkan kunlar» oxirida «Yozgʻuvchidan» degan muxtasargina soʻngsoʻz mavjud. Unda shunday deyiladi:

«Keyingi Margʻilon borishimda yaqin oʻrtoqlardan Yodgorbek toʻgʻrisida surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning oʻn toʻqqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki oʻgʻul qolibdir. Oʻgʻullaridan bittasi bu kunda Margʻilonning mas’ul ishchilaridan boʻlib, ikkinchisi Fargʻona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, oʻluk-tirigi ma’lum emas, deydilar».

Bu ma’lumotlar ayni 1920 yil oxiridagi vaziyat, ruh-kayfiyatni ifodalaydi, ular ayni oʻsha paytning gaplari.

Demak, adibning oʻzi aytgan iqrorlari, ma’lumotlari «Oʻtkan kunlar» romani 1920 yil oxirida yozib tugallangan, deb uzil-kesil hukm-xulosa chiqarish uchun toʻla asos beradi. Toʻgʻri, asar matni ustidagi ishlar keyin ham davom etgan. Lekin roman ayni oʻsha sanada nihoyasiga yetgan.

«Oʻtkan Kunlar»ning Asl Matni Muammosi

Abdulla Qodiriy olti jildlik «Toʻla asarlar toʻplami»ning I jildi 1995 yili chop etildi-yu, afsus, bu xayrli ish moliyaviy sabablarga koʻra toʻxtab qoldi. Adibning «Oʻtkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlarini oʻz ichiga olgan 1992 yili nashr etilgan kitob hozircha Qodiriy romanlarining asl nusxasi sifatida qabul qilinmoqda. Bu xususda oʻylab koʻradigan bir qator jumboqlar bor. Toʻplamda negadir «Oʻtkan kunlar»ning yozuvchi hayotlik chogʻida bosilgan soʻnggi 1933 yilgi lotin alifbosiga asoslangan yangi oʻzbek yozuvidagi nashri emas, 1926 yilgi nashri asos qilib olingan. Holbuki, bu nashrdan muallifning mutlaqo koʻngli toʻlmagan.

Qodiriy yuqorida eslatilgan, «Uzr» sarlavhali izohnomasida afsus-nadomatlar bilan roman «bu kun bosilishi muyassar boʻlgʻanida ham turlik zarbalarga uchradi; imlosi uch-toʻrtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari (beparvoligi) orqasida texnika jihati koʻz koʻrib quloq eshitmagan bir yoʻsunda chiqdi», deb yozadi. Yozuvchi asarning keyingi nashrida imkon qadar yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatishga urinajagini aytadi va ayni paytda «bunday xatolardan sof boʻla olishigʻa va’da bera olmasligi»ni ham pisanda qilib oʻtadi.

«Oʻtkan kunlar» nashrlarini qiyosiy oʻrganish, kuzatishlarning dastlabki natijalari shundan dalolat berayotirki, romanning 1926 yilgi nashri matni yozuvchi koʻnglidagidek amalga oshmagan. Romanning toʻliq va asl nusxasi deb taqdim qilingan 92-yilgi nashrini 33-yilgi nashri bilan solishtirib koʻrganimizda, har bir sahifada oʻnlab, hatto yuzlab oʻzgartirish, tuzatishlar borligi aniqlandi. Oʻzgartirish-tuzatishlar faqat matn imlosigagina oid boʻlmay, ayrim sahifalarda matn strukturasi, kompozitsiyasi ham qayta ishlangan. 92-yilgi kitob oxirida berilgan «Oʻtkan kunlar» roʻmonining 1926 va 1933 yillar nashrlaridagi tafovutlar» deb atalgan izohda bunday oʻzgartirish-tuzatishlarning yuzdan biri ham qayd etilgan emas. Shunisi muhimki, 1933 yil nashridagi oʻzgartirish-tuzatishlarning aksariyati roman matni badiiyatini mukammallashtirishga qaratilgan. Toʻgʻri, 33-yilgi nashri ham xato-qusurlardan xoli emas. Bir sahifaning oʻzida bir soʻz (masalan, «bilan» soʻzi goh «bilan», goh «blan» tarzida) turli shaklda berilgan. Siyosatga daxldor ayrim keskin iboralarni biroz yumshatish hollari ham uchraydi. Chunonchi, Yusufbek hojining oʻgʻli Otabek bilan uchrashuvda aytgan hayajonli nutqidagi «toʻngʻizxona» soʻzi «oyoq osti» deb oʻzgartirilgan...

Bu gaplar «Mehrobdan chayon» romani nashrlariga ham tegishli. Xullas, Qodiriy romanlarining ishonchli asl matnini tiklash borasida adabiyotshunos-matnshunoslar oldida jiddiy vazifalar turibdi.

Afsuski, «Oʻtkan kunlar» va «Mehrobdan chayon»dan biror sahifa ham qoʻlyozma — avtograf saqlanib qolmagan, agar u topilsa, bu boradagi koʻp chalkashliklarga oʻz-oʻzidan aniqlik kiritilgan boʻlardi. Umidli dunyo deydilar. Izlanishda davom etaylik. Zora, moʻ‘jiza yuz berib, asl matn topilib qolsa...

Moskva Ta’limi Samaralari

Qodiriy oʻzgalarga ham, oʻziga ham nihoyatda talabchan, hamisha yangi zamon darajasida fikrlashga moyil zot boʻlgan. Adib tarjimai holida yangi zamon oʻzgarishlari «barobarida madaniy, ilmiy ehtiyojlar ham oʻsgani»ni aytib, soʻng bunday yozadi: «Men tartiblik maktab koʻrmagan nodon bir yigit edim. Uncha-muncha bilgan narsalarim ham oʻz tirishuvim orqasida zamon sharoiti va majburiyati ostidagʻi chala-chulpi gaplar edi. Keyingi kunlarda nodonligʻim oʻzimga qattiq his etila boshlab, bu hol bilan uzoqqa keta olmasimni sezdim. Va 1924 yilda xizmatimdan javob olib, Moskvaga oʻqishga ketdim».

Xoʻsh, Qodiriy Moskvada qaysi oʻquv dargohida oʻqigan? Keyingi 30-40 yil davomida chiqqan Qodiriy tarjimai holiga oid koʻp ishlarda u Valeriy Bryusov nomidagi jurnalistlar institutida oʻqigani aytiladi. «Oʻzbek sovet entsiklopediyasi»dagi (1971) «Abdulla Qodiriy» maqolasida esa Qodiriy «Moskvada Valeriy Bryusov nomli Adabiyot institutida oʻqidi» deyiladi. Bu ma’lumot haqiqatga yaqin, deb oʻylayman. Tarixdan ma’lumki, V.Bryusov 1921 yili Moskvada Oliy adabiy-badiiy institutni tashkil etgan, keyinchalik u Butunittifoq adabiy-badiiy instituti (VLXI) deb atalgan. Oʻsha yillari bu institut jahon adabiy-badiiy tafakkuri markazlaridan biri, zamonaviy jahon adabiyoti, san’ati, falsafasiga doir qarashlar, joʻshqin bahs-munozaralar maskani sanalgan. V.Bryusovning oʻzi ham bu dargohda ma’ruzalar oʻqigan. Qodiriy uni koʻrganmi, ma’ruzalarini tinglaganmi, bu xususda bir narsa deyish qiyin, chunki Qodiriy institutga kirgan oʻquv yili boshlarida — 1924 yil 9 oktyabrda bu kishi olamdan oʻtgan. Lekin, aniqki, V.Bryusovga xos tafakkur, bahs-munozaralar ruhi bu dargohda davom etgan. M.Gorkiy uni «Rossiyadagi eng madaniyatli yozuvchi» deb atagan. Oʻz davrida u «modernistik adabiyotning lideri», «rus simvolizmining dohiysi» sanalgan. Yangi oʻzbek she’riyati namoyandalari, jumladan, Oybek V.Bryusovdan ta’sirlanib, 20-yillari maroqli izlanishlar olib borgan.

Bu dargohdagi ta’lim Qodiriy qarashlarida, ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirgan. H.Qodiriy «Otam haqida» kitobida Qodiriyning institutda tinglagan lektsiyalaridan yozib olgan konspekt daftarlarini necha bor qiziqib oʻqib chiqqani va ularni 1945 yilgacha avaylab saqlagani haqida gapirib, soʻng bunday yozadi: «Ruscha yozilgan konspektda dunyo adabiyotidagi ba’zi oqimlar haqida bahs boradi. Masalan, realizm, idealizm, romantizm, futurizm kabi oqimlar; ularning kuzatgan gʻoyalari, qonuniyatlari va bu oqimlarga mansub koʻzga koʻringan yozuvchilar qisqa-qisqa bayon qilib oʻtiladi...»

Bunday oʻqish-oʻrganish samarasi adib faoliyatida yaqqol koʻrinadi. Qodiriyning 1925 yildan keyin yozgan adabiy-tanqidiy maqolalari, xususan, uning realizm, yangicha adabiy-badiiy oqimlar haqidagi qarashlari oʻsha davr zamonaviy adabiy-tanqidiy tafakkuri darajasida ekani tasodifiy emas.

Qozon Safari Voqeasi

Qodiriyning 1936 yil yozida Qozon safari chogʻi Amina ismli tatar qiziga uylanib qaytgani haqida eshitgan, biroq uning tafsilotlaridan bexabar edim. 1976 yil iyunida bod kasaliga yoʻliqib, Xotinkoʻprikdagi kasalxonada yigirma kuncha davolanishimga toʻgʻri keldi. Habibulla aka oʻsha kezlari bu yerda ishlar, haftasiga ikki kun tunda navbatchi boʻlib qolar, qoʻli boʻshadi deguncha xonamga kelar, tun boʻyi suhbatlashib oʻtirardik. Kunlarning birida Qozon voqeasini soʻradim. U kishi xushlamayroq boʻlsa-da, boʻlgan voqeani batafsil soʻzlab berdilar. Sh.Turdiev «Ma’rifat» gazetasining 2004 yil 31 mart sonidagi «Doʻstlar qalbida» sarlavhali maqolasida Qodiriy-Amina voqeasiga doir 1936 yilgi Qozon safarida Qodiriyga hamroh boʻlgan Shokir Sulaymonning turmush oʻrtogʻi — tatar ayoli Zaynab opadan yozib olgan xotiralarini keltirgan. Habibulla aka soʻzlab bergan voqea mohiyatan Sh.Turdiev keltirgan xotirani tasdiqlasa-da, bu hodisaning talqini, tafsilotlari oʻzgacharoq. Habibulla akaning aytishicha, Aminaning otasi Qozon yaqinidagi Archa rayoniga qarashli Kachi ovulida yashagan, ma’rifatli kishi boʻlgan. Bu oila a’zolari Qodiriy romanlarini oʻzbek tilida qoʻlma-qoʻl oʻqishgan, ayniqsa, oilaning erkatoy, romantik tabiat qizi Amina «Oʻtkan kunlar» qahramoni Otabekka, roman muallifiga gʻoyibona oshiq boʻlib qolgan. Ota Qodiriyning Qozonga kelganini eshitib, uni ovulga taklif etgan. Amina «Oʻtkan kunlar» muallifini koʻrib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoladi... Qisqasi, bu ish nikoh bilan yakunlanadi. Qodiriy Kachida ikki hafta mehmon boʻladi. Keyinroq Kachi taassurotlari haqida ajoyib bir maqola yozadi. Amina Qodiriy bilan Toshkentga kelgach, tez orada Qodiriylar xonadonining chin a’zosiga aylanadi. Nihoyatda shirinsoʻz, chaqqon, ozoda, saranjom-sarishtaligi, pazandaligi bilan obroʻ-e’tibor topadi. Afsus, bu totli damlar uzoqqa bormaydi. Qodiriy xastalikka uchraydi, adib ustida gʻiybat, gʻalvalar, ta’qibu tahdidlar avjiga chiqadi. Adib hibsga olinib, bedarak ketgach, Amina Qozondagi qarindosh-urugʻlarini bundan xabardor qiladi. Aminaning akalari Toshkentga kelib, uni yurtiga olib ketadilar.

«Navo Kuyi» Gurunglari

Oʻtgan asrning 60-80-yillari Gʻulom Karimov boshchiligida 8-10 kishidan iborat gap-ulfatchiligimiz boʻlardi. S.Dolimov, O.Sharafiddinov, H.Yoqubov, A.Aliev, S.Fuzailovdek ustozlardan iborat bu davraga men va menga tengdosh ikki-uch yosh domlalar ham taklif etilgan edik. Oyda bir bor ulfatlardan birining xonadonida oʻtadigan gurunglar gʻoyat maroqli kechardi. Davrada albatta san’atkor — sozanda va xonandalar ishtirok etardi. Mashhur sozanda Turgʻun Alimatov ishtirok etgan gurunglarni eslasam, hamon koʻnglim charogʻon boʻlib ketadi. Turgʻun akadek san’atkor Subutoy domlani mumtoz kuy, maqom bobida oʻziga ustoz deb atardilar. Subutoy aka dutorda, Turgʻun aka tanbur yoki satoda ijro etgan kuylardan sel boʻlib toʻlgʻonardik.

Turgʻun aka har gal «Oʻtkan kunlar»dagi «Navo kuyi» bobi ustida soʻz ochar, bu bobni yod aytib, mumtoz kuyning soʻz orqali bu qadar nafis, tiniq, jonli ifodasidan hayratini toʻkib solardi. Subutoy aka «Oʻtkan kunlar»da tasvir etilgan dutorda chalingan kuyni yoshligida tinglaganini soʻzlar, Turgʻun akadan uni tiklashni qayta-qayta iltimos qilardi. Turgʻun aka ustoz iltimosini yerda qoldirmay, bu yoʻlda uzoq izlandilar. Nihoyat, ulugʻ sozanda bir gal: «Ustoz, dutor navosini topdim, «Oʻtkan kunlar»ning oʻzidan olib tikladim», dedilar. Soʻng dutorni qoʻlga olib, odatdagidek uni uzoq sozlab, Qodiriy yozganidek, dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turgan mashshoq biz kutmagan joyda «Navo»dan boshlab yubordilar. Kuy boshlanishi bilanoq davradagilarning vujudi «zirr» etib ketgandek boʻldi. Nihoyat, eshilib, toʻlgʻanib tevarak-atrofga ilohiy bir sirli-sehrli sadolar taratgan dutor pardalari tindi. Subutoy aka «Ayni oʻzi, qoyil! Balli!» deb yubordilar.

Suhbat ulanib, zamonaviy adabiyotga kelib taqaldi. Turgʻun aka: «Hozirgi yozuvchi-shoirlar asarlarida mumtoz kuyning shunaqa tasviri bormi?» deb soʻrab qoldilar. Men: «Bor! — dedim, kitob javonidan Abdulla Oripov toʻplamini olib «Munojot»ni tinglab» she’rini oʻqiy boshladim:

Eshilib, toʻlgʻanib ingranadi kuy,
Asrlar gʻamini soʻylar «Munojot».
Kuyi shunday boʻlsa, gʻamning oʻziga
Qanday chiday olgan ekan odamzod!»
Ana shu soʻnggi satrlarga kelganda ulugʻ sozanda: «Ha, bu she’rdagi «Munojot» tasviri «Oʻtkan kunlar»dagi «Navo» kuyi tasviridan qolishmas ekan», dedilar oʻzlariga xos bosiqlik bilan.