OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmid Ali
Asar nomiFarishtalar kiradigan xonadon
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Umid Ali
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Farishtalar kiradigan xonadon
Umid Ali

Bugun erta uygʻondim. Har kungidan-da vaqtliroq. Soat millari 5 ga qarab siljimoqda edi. Quyosh ham endi moʻralab, zarrin nurlarini taratishga taraddudlanib turgan ekan.

Oʻrnimdan turib, deraza darchasini ochdim. Xonaga tonggi mayin, yoqimli shabada yelib kirdi. Tanam rohatlandi. Hovliga chiqdim. Mushaklar chigilini yozish, hali ham mudrayotgan tanani «uygʻotish» uchun picha mashq qildim, keyin vodoprovod qulogʻini burab, sovuq suvda yuvindim.

Erta uygʻonishda gap koʻp deyishadi ota-bobolarimiz. Baraka, rizq ortarkan. Shundanmi, bizning xalqimiz saharmardonlab turib, ish boshlashga odatlangan. Dehqon ketmonini yelkasiga olib, dalaga, choʻpon qoʻy-qoʻzilarini oʻtlatish uchun qir-adirga otlanadi. Xullas, yigitu erkak, xotin-xalaj rizqi unishi, uyiga fayz-barokat kirib kelishi uchun yeng shimarib, ishga kirishadi.

Kelinchagi bor xonadonning fayzi moʻl boʻladi deyishadi. Chin. Hech kuzatganmisiz, oʻzga xonadonga kelgan kelinchak ilk kunlariyoq qoʻli toʻrt, oyogʻi olti boʻlib, betin xizmatda boʻladi. Orastalik, tozalik, saranjom-sarishtalikni oʻrniga qoʻyib, hamma yoqni yogʻ tushsa yalagudek qiladi. U eng dastlabki yumushini darvoza oldini supirib, suv sepishdan boshlaydi. Bu ham farosatning goʻzal namunasi. Darvoza tagidan oʻtib ketayotgan yoʻlovchilar orastalikdan, ozodalikdan dili yashnab ketadi. Bu pokdomon xonadon sohibu sohibalariga havas qilishadi.

Hech esimdan chiqmaydi. Rahmatli buvim hammamizni erta uygʻonishga chorlar, oʻzlari esa birinchilardan boʻlib turib, qoʻl-betlarini yuvib, soʻng darvozaning bir tabaqasini lang ochib qoʻyardilar:
-Uyga farishtalar keladi, rizq ulashib ketadi.

Oʻshanda fikri-zikri halollik, pokdomonlik boʻlgan, tilidan «xudo», «farishta», «narigi dunyo» kabi ilohiy kalomlar tushmaydigan nursiymo, xudojoʻy buvimning gaplarini uncha tushunmasdik (bola edik-da). Biz oʻz shoʻxligimizdan, oʻzimiznikini ma’qullashdan qolmasdik. Buvim esa dilidagini tiliga chiqarishdan, koʻnglidagi gaplarni bizga tushuntirishdan charchamasdi.
-Sahar turinglar, xudo erta turganning rizqini koʻpaytiradi.

Bugun ulgʻaydik. Tasavvurimda bolafe’l, soddaligicha qolgan, halol, vijdoni pok buvimning soʻzlari naqadar haqiqat ekanligini hayotning oʻzi isbotlab boryapti.

Yaqin kunlargacha tunga qadar televizor tomosha qilib, kun yoyilganda koʻzlarim qizarib, qovoqlarim shishib uygʻonardim. Ishga kech qolmaslik uchun apil-tapil nonushta qilib, shoshib chiqib ketardim. Ishxonada ham tinchim yoʻq edi:lanjlik, kayfiyatsizlik... Dam olish kuni ahvol battar tang olardi: peshingacha uyqu.

Zehn solsam, hayot bir xilda kechyapti: ertalab ishga boraman, kechqurun kelaman. Ovqatlanaman, soʻng yana uyqu.

Hayotimda rang yoʻq, joziba yoʻqdek tuyulardi. Na unumdorlik bor, na fayz-baraka. Bir kuni kenja amakimning videoga tushirilgan nikoh toʻyini oilamiz bilan tomosha qilib turgandik. Lavhalarning birida rahmatli buvim koʻrinib qoldi. Yoshi saksondan oshgan boʻlsa-da (sakson sakkiz yoshida vafot etgan) hamon tetik, bardam, jilmayib turibdilar. Koʻzlari esa oʻsha betakror, ohori ketmas oʻgitlarni aytib turibdi:

«Erta turishda gap koʻp»

Men kalavaning uchini topgandek boʻldim. Axir bolaligimda yoʻqotganim-oʻshandan buyon uyimizga kelmay qoʻygan farishtalarni sogʻingandim. Koʻnglimga tugdim: «Ertadan boshlab barvaqt turaman...»

Oradan yigirma yil oʻtib, rahmatli buvim oʻrgatgan ishni bajardim: quyoshni uygʻotdim. Nonushta mahaligacha bir dunyo ishlarni doʻndirib qoʻydim: tomorqadagi teshasi chala qolgan uch egat kartoshkaning tagini yumshatdim; sigirga yem tashlab, tezagini chiqarib tashladim, boʻshagan chelaklarni suvga toʻldirdim, gazga choynakda choy qoʻydim.

Ishga uydan har kungidan chorak soat oldin chiqib, biroz yayov yurdim. Havo ochiq edi. Koʻkda nur taratib turgan oftob ham nazdimda menga jilmayib qarayotgandek tuyuldi. Shu kuni oʻzimni har kungidan-da tetik his qildim. Yayradim.

Angladim: demak, erta turishda gap koʻp.

Koʻp oʻtmadi. Uyimizga farishtalar tashrif buyurdi: toʻngʻich qizim dunyoga keldi, ukam uylandi. Ishxonada ham ishlarim yurishib ketdi.

Men hozir buvimdan meros qolgan bir yumushni davom ettiryapman. Har tongda uygʻonib, darvozani ochaman. Quyoshning moʻralab chiqishini zavq bilan tomosha qilaman. U uyimizga endi tom osha emas, eshikdan, boʻsagʻadan kirib keladi. Inchunun, farishtalar ham.

Sizlardan ham istagim shu, erta sahardan eshigingiz ochiq tursin, ishlaringiz baroridan keladi.