OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Umid Ya’qub. Ramaq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUmid Ya’qub
Asar nomiRamaq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Umid Ya’qub
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ramaq (hikoya)
Umid Ya’qub

...Qoʻtir bosgan davr(as)ining eng avj notalariga chulgʻongan Buyuk Esh(Shak) erasi xurjunidagi nojins asr karvonida tuya egiz tuqqan yili, oʻsha... qisir ondatra bilan serpusht kalamushni chatishtirishgan (va alal-oqibat temir toʻnni ham kemirib tashlaydigan behisobu behijob... xundoru yoldor... dumsizu koʻzsiz Oʻlat Toʻdasi suvaydo bayroqlari ostida fitrat naqoratining tiynat sadolariga oʻrangan koʻyi qoʻzgʻolgan) oy orasida, oʻsha... jabralari daqiqa aro idrab borayotgan Evaz Baligʻi oʻmganidagi toygʻonchiq tuyoqlari lahza sayin yedirilib kelayotgan Zerikish Hoʻkizi mazaxomuz samimiyat yuvindisidan toʻyingan xoʻrligu mukarramlik bilan sabil qolgur shoxdor boshini mursalona-maqtulona sarak-sarak qilgan, oʻsha... farishta tun qoʻynidan boʻshangan fohisha kun chehrasidagi oydin-oydin Besh Lahzaning harir-haris oniya qanotlari uzra xuddi OʻZdengizga qaytish uchun samoga safar qilgan oʻztomchi singari...

...bir paytlar muqaddas mehvarini oʻynamay boy bergan vatanlariga al-vido ayta-ayta Yara(ti)lmagan Makon izlab yoʻlga chiqqan Ajdarho Avlodlari bir muddat nafas rostlab, soʻng Ibtido Ramaqining intiho avvalida Baxt va Baxtsizlikning nimxira tumanzori qoʻynida Borligu Yoʻqlikning mangu muallaq muvozanati yelkasiga oʻrnatilgan sagʻir tarozi milini ozgina oʻngga (ehtimol, chapga) burish umidi bilan Yovvoyi Chang Raqsiga evrilgan, oqibatda esa istigʻroqkuy avjida barcha «argʻamchi»ning tanqaygan tumshugʻidan toʻkilgan zahar tomchilari oʻzagini kuydirib yuborgan Abadiy Bahorkelmastepa poyida hali yashashga ulgurmay sochlariga qirov ingan Oʻz mazmun choʻqqisi tomon boru yoʻq (bema’niyu asosdor, iznli-yu ismsiz) Oʻyin ilgarisida hayronu xotirjam (sobitu hadikvor) tikilgan koʻyi yolqib — chilpinib — titrab oʻtirardim.

Besh tomonimni Hirs qoʻshinining tama suvorilari qamal qilgan, Azalqoyadan yoʻlga chiqqan OʻZburgut(im) boru yoʻq mador bilan intilsa-da, Abadchoʻqqiga yetolmay tolgan, binobarin, bu behuda daydishning sababu maqsadini topa olmay hayrondarada kezib yurgan, topildigʻu yutqizigʻim qafasga tashlangan yoʻlbars nigohlarida mangu muz qotgan mungga evrilgan edi: ismimning uch harfini yashab boʻlgandim.

Hali jangga kirmay turib qoʻshini magʻlub boʻlgan sarkarda ruhini qamraguvchi karaxtlik yoʻsin tutunvor toʻlqin sochimdan tovonim qadar ohista oʻrmalarkan, olomon oyogʻi ostida ezilgach, oftobda idrab — bijgʻib — aynib qolgan haqqush loshiday tarklangan badanim jimlik kafaniga oʻranarkan, Umiddaraxtning chirigan ildiziga bolta urilgach... vaqt chehrasini hali ajin(a) tishlamay turib niyatshoxlarni makon tutgan istakqushlar oilasi Borligʻu Yoʻqlikni larzaga sola-sola faryod koʻtarib qochqinlik karvonini tuzarkan, eng soʻnggi nam bilan nafas olishga intilayotgan yaproq kabi ismimning oxirgi harfini yashamoqqa urinardim.

Yamoqlari ham yirtigʻini berkita olmagan Mavjudlik chiqindi ufunotiga bulgʻangan, suluv-suluv kiyiklar koʻnglida yoʻlbars orzusi bilan yaltir junli toʻngʻizlar qoʻyniga shoshil(ayot)gan, hatto qaqnus tuxumidan ham palagʻdalik shaltogʻiga belangan karkas polaponi koʻz ochgan, taqiq mevasi axlatga evrilgan paytdan xaloskorlikni boʻyniga olgan Yakka Boʻri uygʻongach... qopqon qisib qolgan oyogʻini gʻajib tashlab... soʻng Borsa Kelmas vodiysi qa’riga abadulabad uloqib ketgan, hayvon zoti borki, nishxoʻrt talashishdan... bir teri ostida semirib ozishdan... urchishdangina shodumon qiyqirayotgan, bulutlar buloq tomon... chashmalar abr sari intilayotgan, raqam unutgan olam azaldan buyon aylanajak Yagona Tasbeh Rishtasini uzmoqqa jahdlangan, quyoshning sha’mga havasli hasadi qoʻzigan, bir umr oʻz qavmidan masxarayu turtinishdan oʻzga shimiltiriq ham koʻrmagan Mayna zardobtus koʻlmak kunjagida BARChAga bir kiyimlik qor iltijo etib ibodat qilayotgan... lahza... OʻZdaraxt(im)ning hamma yaprogʻi Mangu Tiyramoh qabri ustiga toʻshalar, binobarin qahratonda koʻz ochayotgan gʻuncha singari oʻzurugʻim uchun hech nimaning ahamiyati qolmagandi. Axir qachonlardir shubha, xavotir, isyon mavjud edi. Ularning aqlim gulxanida soʻna-soʻna... tutay-tutay... gurillab-gurillab... yonishiga mahliyo boʻlardim: nimadir bordek edi. Ammo oʻsha... zahardan oʻzagi kuyib ketgan Abadiy Bahorkelmastepa poyida ismimning oxirgi harfini yashash ilinjiga oʻranib pilpillab oʻtirarkanman, necha eradan soʻng tagʻin oʻsha... Adashgan Ayolgʻu oʻzimni aytib chaqirayotganini tuydim: koʻzgu chilparchin boʻldi. Oʻ, bu ovozni qancha kutganimni tasavvur qila olasizmi?.. Shu sadoni deb ikki dunyo oraligʻida qanday tentiganimni tushuna bilasizmi?.. Bu ayolgʻu kul — poʻpanak — mox — zax — zang... bosgan OʻZim tubida milod(i)dan buyon soʻnib borayotgan yagona choʻgʻ Egasi ekanligini tuya olasizmi?.. Axir... qachonlardir men uchun ham vaqt, farq, dard... mavjud edi: kemtiklikdan Oʻzimni qoʻyarga na zamon va na makon topa bilardim. Endi esa hech nima yoʻq. Faqat oʻsha yoʻqlikdan meros qolgan soya, soʻqir tabassum, moʻltiroq nigoh...gina bor: yoʻlbars nigohida muz qotgan oʻtmish...

Mana, hozir oʻrnimdan turaman-u, bir lahza ham koʻz oldimdan nari jilmaydigan oʻsha yoʻlbars qorachoʻgʻiga muhrlangan mungli kecha(m)ni... oʻsha OʻZim tubida soʻnib borayotgan yagona choʻgʻdan yaralajak gulxanda... oʻsha hech qachon hech qaerda hech nimadan na xavotirlanmay, na halovatlanmay, na afsuslanmay yoʻnilgan kosov bilan kavlab-kavlab yoqib yuboraman...

Ana, hali yashashga ulgurmay sochlariga qirov ingan OʻZmazmun choʻqqisidan berang tutun oʻrlamoqda... Ana, besh tomonimdan asir olish maqsadida qamal qilib kelayotgan Manfaat qoʻshini toʻlgʻama toʻrlarini men tomon tashlayotir... Ana, qoʻltiqlarim orasida is bosib yotgan qanotlar mudhish parvoz umidi bilan taranglashib borayapti...

...va oʻsha Ajdarho Avlodlari bir lahzagina nafas rostlagach... Koʻklam taloq bergan mana shu yetim Zahartepa poyimda enasi chala tugʻib uloqtirgan mana shu irkit dunyoga qoʻshib... hali yashashga ulgurmagan ismimning mana shu oxirgi harfini xuddi ilon poʻst tashlagandek abadulabad unutib... OʻZmazmun choʻqqisini(dan) oʻzimdan(ni) ajratib turgan tabu tumanzoriga singib borarkanman, tirikmidim yo oʻlik... ruh bilan edimmi yoki tan bilan... ismlimidim yoxud ismsiz... — bilolmadim.